OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBahodir Karim
Asar nomi«Havas bilan orzu ushalmaydi»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Bahodir Karim
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Adabiy suhbatlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yosh kuch» junnalida e’lon boʻlgan


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Havas bilan orzu ushalmaydi»
Bahodir Karim

Talabalikni oltinga qiyos etish kimdan va qachondan boshlangan buni bilmadim. Ammo shunisi aniqki, talabalik davrda yoshlar ibrat olishi mumkin boʻlgan shaxslar bilan ruboroʻ kelar va tabiiyki, ularni zimdan koʻzatar ekan. Kamina yaqinu yiroqda qolgan talabalik kunlarida buyon: oʻz qomatiga mos odimlaydigan, birov bilan urushgandek qavogʻidan doima qor yogʻib turadigan, atrofiga bepisand boqadigan, kamgap olimni biladi.

Oltin davrning soʻngi kunlariga borib olim haqidagi tasavvurim yuzaki ekanligini angladi. Toʻgʻrilikni, odillikni sevadigan ismi aytar soʻziga manant dunyo koʻrgan adabiyotshunos Bahodir Karim ijod ahliga mening tarifimsiz ham yaxshi tanish.

Aziz mutoalaachi! Sizga hukmingizga olim bilan qoʻrgan gurunglarimizdan bir shingilni havola etaman.
— Bahodir aka, bir gal saboqxonada shunday deganingiz esimda «Men ilk marotaba Danel Defoning «Robinzon Kruzo»sini oʻqiganman. Sizlar-chi?» deya saboqdoshlarimni soʻroqqa tutgandingiz. Bugun oʻylab qarasam, bolaning ilk mutolaa qilgan kitobi uning umr yoʻlida, hayotida tub burilishlar yasashi mumkin ekan. Bolalarga kitob tortiq qilishimiz uchun qanday mezonlarga asoslanganimiz durust?
— Bolalikda olingan bilim, oʻqilgan kitoblar bejiz toshga oʻyilgan bitikka oʻxshatgan emas. Ular, albatta, insonning hayot yoʻlida foyda beradi. Izsiz ketmaydi. Bolaligida kitob oʻqigan bola bilan bunday ma’naviy ne’matdan bebahra oʻsgan bola orasida katta farq boʻladi. Bolaning televizor vositasida olamni tanishidan koʻra kitobdan oʻqigan ma’lumotlari asosida olamni tanishi muhimroq deb oʻylayman. Chunki yozilgan matnni anglash, tushunish – bu jarayonda bolaning tafakkur qobiliyati tarbiya topadi, aqliy faoliyati muayyan tizimga tushadi. Badiiy yoki ilmiy ma’lumotlar kitobini oʻqigan bolaning koʻngil koʻzi ochiladi. Faqat suratlarni koʻrib, real, aniq chizilgan narsalardan xulosa chiqarish boshqa, koʻrmay tasavvur, xayolot va tafakkur yordamida boshqa olamlar yuzasidan muayyan umumlashma - xulosalarga kela bilish boshqa gap. Keyingisi ulugʻroq, ulkanroq, mahobatliroq.

«Robinzon Kruzo»ni tez-tez eslab turaman. Chunki bu kitob va bu qahramon bolalik tasavvurimning bir qismiga aylangan. Shu kitob mutolaasi bilan oʻtkazgan kunlarim, uzoq-uzoqlarga qilgan sayohatlarim, Robinzonni hatto tushlarimda asrab-avaylaganlarim, unga dildan achinganlarim, tirikchilik yoʻlida, tirik qolish uchun topgan har bir ilinji uchun quvonganlarim – hali-hali meni tark etgani yoʻq. Keyinchalik «Robinzon Kruzo»ning ikkita kinotalqinini tomosha qildim. Baribir nimadir yetishmaydi.

Kitobdan olingan zavq oʻrnini bosganini ayta olmayman. Savolingiz mohiyatida menda bolalar uchun kitoblar tavsiyasini kutmoqdasiz. Bilib turibman. Xoʻsh, qanday kitob oʻqisin bola? Eng avvalo yoshiga mos boʻlsin. Ikkinchi sinf oʻquvchisiga ishqiy romanlarni tavsiya qilish ahmoqlik. Buni bilasiz. Yosh bolalarga albatta ezgu, yaxshi, goʻzal tuygʻularni tarbiyalaydigan ertak kitoblarni tavsiya qilgan boʻlar edim. Oʻrta yoshga loyiq kitoblar ham yetaarli. Endi balogʻatga yetib, katta hayot yoʻliga kirgan yoshlar vaqtini bekorga oʻtkazmasdan oʻzbek va dunyo adabiyotining eng nodir namunalarini oʻqishlari lozim. Natijasi yaxshi boʻlishi tabiiy. Har kim har xil yoʻsinda kitob oʻqiydi. Kitob oʻqishdagi sinovdan oʻtgan bir tajriba. Oʻqilgan kitoblari toʻgʻrisida ulkan bir daftarga qaydlar yozib borsin. Tushunchalarini, fikr-mulohazalarini qayd etsin. Fikrni bayon qilish malakasi yuzaga keladi.
— Adabiyot koʻngil ishi deb biluvchilar ijodkorlar orasida urchib ketdi. Shoir va adiblarimiz shunday tushunsa va bilsa. Odamiylik fanning tub mezon va qoidalari chippakka chiqib, tanazzulga yuz tutib, avlodlarga gʻarib ahvolda bormasmikin?
— Adabiyotni tushunish oʻzgarib bormoqda. Juda erkin, hatto san’at tiliga, qonuniyatlariga aloqasiz ravishda - istalgan yoʻsinda fikrlar aytish avjiga mindi. Toʻgʻri kelgan allaqanday mashqlardan «janr» yasash hollari uchrab turibdi. Uzundan uzoq voqeanomalarning «roman» deb atalishiga duch kelmoqdamiz. Shuningdek, rebusnoma, uchi-keti yoʻq, eng asosiysi, estetik idealdan mosuvo aljirashlarga favqulodda adabiy hodisa sifatini berish ham oʻzini oqlamaydi.

Badiiy ijod, tabiiyki koʻngilda tugʻiladi, jamiyatga tarqaydi va ijtimoiy hayotning ich-ichiga kirib boradi. Badiiy ijod koʻngil ishi – biroq bu tushuncha yolgʻiz bir inson aurasida chegaralanib qolishni anglatmasin. Ijodkor – ulkan shaxs. Agar shu sifat yetishmaydigan boʻlsa, ijodkor oʻz estetik mamlakatini bunyod eta bilmaydi. Ijodkor – estetik voqelik tashkilotchisi, tashabbuskori va ishtirokchisi. Oʻzi uchun, gʻaladon uchun, koʻngilini boʻshatish uchun yozish... — Bunday iddao qilgan kimsa goʻyo kamtarlik qiladi. Yozilgan narsa ommaviylashgandan keyin, «men yozgan narsa odamlar orasiga yetib bordi, endi tanqidchilar nimadir dermikin» qablidagi ilinj paydo boʻlgandan keyin – adabiy voqelik ijtimoy mohiyat kasb etadi.

Badiiy ijod namunalarining avlodlarga yetib borish masalasini vaqt hal qiladi. Yozilgan hamma narsa, muqova ichiga keritilgan hamma narsa yashab qolavermaydi. XX asrda birgina oʻzbek adabiyotida 300 dan ortiq roman yozilgan. Agar ulardan 60 tasi oʻqilsa, qolgan 80 foiz roman qaerga ketdi? Ularni kim kitob javonlaridan olib tashladi?

Asarlarning asrlardan asrlarga oʻtishi ijodkor shaxs badiiy tafakkuri quvvatiga, adabiyotni keng tushunishiga, eng muhimi, hamma koʻrib turgan hodisalardan hech kim anglay olmayotganlarini koʻngil koʻzi bilan koʻrib, original badiiy obrazlar vositasida tasvirlashi va yana koʻplab omillarga bogʻliq murakkab hodisadir.
— Milliy nasrimizda Abdulla Qodiriy benihoya katta va muvaffaqiyatli qadam tashlagandi. Oʻsha mashhur «Oʻtkan kunlar»ning bunchalar oʻqishliligini ta’minlagan jihatlar uning tarixiy, ishqiy, deylik detiktiv detallari borligidami yoki koʻpchilik kitobxonlar ilgʻamaydigan tomoni bormi?
— «Oʻtkan kunlar»da sir bor, joziba bor, ohanrabo bor. Agar kitobxon bu kabi sifatlarning hammasini toʻla-toʻkis anglab olsa yoki adabiyotshunoslar kashf qilib qoʻyishsa, romanning qiziq joyi qolmaydi; roman umri tugab qoladi. Bu romanni oʻqigan har kim oʻz ta’biga mos ma’naviy ozuqa oladi. Koʻp narsani anglaydi, tushunadi. Ammo romanda yana hali anglanmagan, tushunilmagan sirli, yashirin nuqtalar mavjudligicha qolaveradi. Kitobxon adabiyotshunos emas. Kitobxon roman nima uchun oʻziga ma’qul kelganini hamisha ham tushuntirib bera olmasligi mumkin. Buning sabablarini topish va talqinlar yozish badiiy adabiyotning qonun-qoidalari bilan shugʻullanadigan adabiyotshunoslarning vazifasiga kiradi. Lekin adabiyotshunoslarning ham bilim darajasi turlicha. Yozuvchining qalbiga yaqin odam eng goʻzal talqinni yozadi.

Kitobxon «Oʻtkan kunlar» romani inson hayoti mohiyatini tashkil etadigan bir hikmat oraligʻiga joylanganiga, asardagi vaqt-zamon tushunchalari tarixiy davr ruhiga mos keladigan kundalik ibodat vaqtlari bilan ifoda etilganiga yoki romandagi ayrim jumboqlar taqdir tushunchasiga bogʻliqlikda badiiy talqin qilinganiga parvo qilmagan boʻlishlari mumkin. Qodiriyning muazzam qoʻsh qoyasi birov sezib-sezmaydigan, birovga koʻrinib-koʻrinmaydigan bebaho injulardan bino boʻlgan. Chuqur mulohaza, qayta mutolaa javohir nurini qalbga olib kiradi.
— «Oʻtkan kunlar»ni nemislar «Toshkentlik sevishganlar» deya tarjima qilgani va e’tibordan chetda qolganini koʻpchilik attang bilan aytishadi. Bu attangda ozgina nopisandlik ya’ni, «asar umuminsoniy yukni koʻtara olmagan» degan da’vosi yotadi. Abdulla Qodiriy ijodiga xorij olimlarining munosabatini tadqiq qilgansiz hamda gʻarb va sharq odamining ma’naviy oʻlchamlarini yaxshi bilasiz. Meni yuqoridagi masalaga fikringiz qiziqtiradi.
— Odam oʻz jasadining tosh bosadigan ogʻirligini oʻz tarozisida tortib koʻrgach, oʻzidan shubhalanib boshqalardan baho soʻrab yurishi kulgili holatdir. Bunday tekshiruvlar menga ma’qul kelmaydi. Shu ma’noda «Oʻtkan kunlar»ning qardosh va xorij tillariga tarjimalari va ularga xorij olimlarining bergan baholari alohida muammo, alohida ulkan tadqiqot mavzusidir. Men savolga javobdan qochish uchun gapni aylantirayotganim yoʻq. Siz toʻgʻri ta’kidlaganingizdek, xorijdagi qodiriyshunoslikni baholi qudrat oʻrgangan odam sifatida aytishim mumkinki , hech bir xorij olimi roman mohiyatini oʻzbek olimi darajasida talqin qila olgan emas. Toʻgʻri, romanga struktural analiz usulini tatbiq etib, tekshirgan olimlar ham bor.

Har qanday hodisa anglanmagan vaqtda nuqson-kamchilikli boʻlib koʻrinadi. Agar roman nomiki notoʻgʻri tarjima etilgan ekan - ustiga ustak rus tili orqali – bu oʻrinda «umuminsoniy yuk»dan gapirishga kimning ma’naviy haqqi bor? Yevropa yoki Amerika romanlariga haddan tashqari mahliyo boʻlish, buning natijasida oʻzbek adabiyotidagi nodir asarlarni kamsitish – bu bizdagi ayrim diletant-kaltafahamlarga tekkan kasallik. «Oʻtkan kunlar» va boshqa san’at asarlarini dunyoga mashhur qilish bu bizning vazifamizdir.

Zotan, ekologik dunyodagi har qanday qoʻngʻiz ba’zan, hatto boshqani kamsitish evaziga ham oʻz bolasini oppogʻim deydi.
— Qadim-qadimdan ijod ahlining oʻlmas va soʻnmas mavzusi olamonni uygʻotish boʻlib kelgan. Oʻzlikni anglashga harakat qilayotgan millat adabiyoti shunday boʻlgani ham durustdir-u, ammo u xoh nasriy, xoh nazmiy, xoh dramatik asar boʻlmasin bunday ijod mahsulida ijtimoiy fikrning yuki zalvorliroq keladiganday?
— Agar olomon deganda manqurtoifa, shunga yaqin odamlar tushuniladigan boʻlsa, adabiyot hech qachon ularni uygʻota olmaydi. Adabiyotda ijodkorning individual «men»ida pishib yetilgan ijtimoiy fikr siyosiy, adabiy, ilmiy shaxslarning yetiltiradi. «Ijtimoiy fikrning yuki» boʻlishi ayb-nuqson emas. Bunday tushuncha har qanday janrdagi asarning badiiy-gʻoyaviy quvvatidan, poetik mohiyatidan kelib chiqadi. Agar badiiy asarda biror bama’ni individual yoki umuminsoniy his-tuygʻu, fikr-mulohaza maromiga yetkazib badiiy tarzda ifoda qilinmasa, bunday asarda umuman «yuk»ning oʻzi mavjud boʻlmaydi.
— Yana saboqxonadagi bir gapingizni eslasam, «Adabiyot velosiped zavodi emas taraqqiy etgani, u boyiydi» degandingiz. Xoʻsh, yaqin yillarda milliy adabiyotimiz boyiy oldimi yoki boyish uchun uzoq yillar kerak boʻladimi?
— «Adabiyot rivojlandi», «taraqqiy etdi» kabi ta’birlar menga erish tuyulgani uchun, badiiy ijodni ishlab chiqarish sohalari bilan tenglashtirib boʻlmaslini ta’kidlash uchun shu gapni aytganman. Davr, zamonlar oʻtishi bilan yildan-yilga moddiy ne’matlar ishlab chiqarishning ma’lum bir sohasida yangidan-yangi yuksak koʻrsatkichlarga erishilishida ilgarlama harakat kuzatiladi. Ammo adabiyot va san’at sohasida men voqelikni boshqacha tasavvur qilaman. Bir yilda, deylik, oʻzbek adabiyotida ellikta hikoya yozilishi mumkin. Ammo bu raqam hikoyachilikning «rivoji»dan darak bermaydi. Bu hikoyalarning birortasi san’atga daxli boʻlmasa, hamma toat-ibodat chippakka chiqadi. Bu oʻrinda avvalgi yilga nisbatan ortiq darajani koʻrsatib turgan raqamning ma’nisi qolmaydi. Ma’naviy ne’matlarni muhtasham xazina deb tasavvur qilaylik. Shu xazinaga qimmatbaho javohir kelib tushsa, bu xazina boyiydi.

Qadim tarixga ega adabiyotimiz boy adabiyot. Bu xazinadan insoniyat ma’naviy dunyosini nurlantirib turadigan tengsiz asarlar bor. Bu oʻrinda an’anaviy asar yoki nom sanashga berilmasdan bir gapni aytmoqchiman: oʻzbek adabiyoti xazinasi kelajakda dunyo adabiyoti namunalari bilan bemalol tenglasha oladigan bebaho san’at asarlari bilan boyib borishiga shubha yoʻq.
— Nazarimda, naqqosh va kulol ham oʻzidagi havas bilan hunarining egasi boʻla olmaydi. Bu boshqa kasb-hunarlarga ham tegishli. Siz ulgʻaygan oilaning adabiyotga va san’atning boshqa turlariga muhabbati, munosabati qanday boʻlgan?
— Oilaviy muhit... Bu muhitda gap koʻp. Yozsam, katta kitob boʻladi. Onam, rahmatli, hamshira edi. Men onam hamshiralikka oʻqib, ilm olib yurgan yillari – qishki ta’til kunlarida tugʻilgan ekanman. Otam fizika oʻqituvchisi. Maktabda menga shu fandan saboq berdi. Fizikaning murakkab masalalaridan toliqqan sinfdoshlarim uchun lirik chekinish qilib, Maxtumquli, Muqimiy, Mayakovskiy, Hamid Olimjon she’rlarini yuksak bir pafosda oʻqib berar edi. Bunday oʻqilgan she’rlarni eshitgan har qanday oʻquvchi fizika muallimini ham, badiiy adabiyotni yaxshi koʻrib qolar edi. Turli fan sohasining zahmatkashlarini - ma’naviyat ummonining gʻavvoslarini «liriklar va fiziklar» tarzida ajratmaslikni otamdan oʻrgandim. Fizika, matematikani yaxshi koʻraman. Ximiya fanidan katalizator, katalitik reaktsiya mavzusini yaxshi oʻzlatirgan edim. Bu mavzuda bir ramz va hikmat borga oʻxshaydi. Lekin haligacha topa olmadim. Adabiyot sohasini tanlagan odamning tabiiy fanlardan ham bilimi yuksak boʻlishi lozim, degan sub’ekti bir qarashim ham bor.

Uyimizdagi kichik kutubxonaning sakson-toʻqson foizi otamning sohasiga oid kitoblar edi. Ular ichidan men adabiyotga tegishlilarini izlab topib, oʻqir edim. Jumladan, muqovasida muallifining nomi oʻchib ketgan «Robinzon Kruzo»ni ham shu kitoblar orasidan oldim. Adabiyotga qiziqishimni sezgan otam badiiy kitoblarni sotib olib kelar edi. Oʻquvchi paytimda yaxshi koʻrib oʻqiganim «Yulduzli tunlar» romani - otamning sovgʻasi.

Hozir oʻylab qarasam, dunyo urushiga ketgan Karim buvamizdan yigirma toʻrt yoshida beva qolgan enamning (otamning onasi) tabiatida gʻalati bir topqirlik, tabiiy bir roviylik, kutilmagan tarzda hodisalarni qiziq qilib soʻzlash mahorati bor ekan. Suhbatida voqeaning xulosasini aytadi, bunga ba’zan birov tushunmaydi. Ammo qiziqroq nimanidir ilgʻaysiz, soʻng shu qiziqish ortidan savol berasiz. Keyin hikoya boshlanib ketadi. Syujetning retrospektiv shakli. Bu tizimga tushadigan hayotiy voqealarni koʻp gapirar edi enam. Ammo ertak aytib berganini eslay olmayman. Enamning xirgoyi qilib aytgan qoʻshiqlarini yaxshi eslayman. «Osmondan nam tushmaguncha, yerdan giyoh koʻkarmas», «Istaganing emgak (mehnat) boʻlsa, ikki koʻzing koʻmgak (koʻm-koʻk) boʻlar», «Tinsang tinmassan, tinmasang tinarsan», «Horimas tolmasday, bola yigʻlamasday, qorin och boʻlmasday, ishlayveringlar» – bu kabi hikmat va nasihatlarni enamdan juda koʻplab eshitganman.

San’atning boshqa turlari bizning oilada ommaviylashgan emas. Yana bir gap. Maktabdagi adabiyot muallimimiz: «Men kosmonavt boʻlman deb, qoʻlni choʻntakka tiqib, uydan kirib-chiqib yurgan bilan hech narsaga erishib boʻlmaydi», degani hech yodimdan chiqmaydi. Yolgʻiz havas bilan orzu ushalmaydi.

Nurilla Choriyev gurunglashdi