OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBahodir Murod Ali
Asar nomiOqtoʻsh (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Bahodir Murod Ali
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm29KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oqtoʻsh (hikoya)
Bahodir Murod Ali

Bostirma ostida katta, qora it oldingi oyogʻiga jagʻini qoʻygancha yotibdi. Uning dumi va quloqlari kesik. Tumshugʻining uchi tovuqlar titaverib mayinlashib ketgan tuproqqa botgan. Koʻzlari yarim yumiq, goʻyo kattaroq ochishga majoli yoʻq.

It koʻrinishdan horgʻin, beparvo boʻlsa-da, tiyrak qaraydi. Uning butun diqqati hasharchilarning ayvondagi poyabzallarida. Poyabzallar bor-yoʻgʻi toʻrtta: poylari doimo ogʻib turadigan, qoʻnjisi kalta etik, bogʻichsiz ikki juft tufli va chelak yonidagi keda. Bular itga begona. Unga qarashlilari uch juft kalish. Kalishlar hozir ayvonda yoʻq. Tong-sahar tarqalishadi. Birinchi boʻlib Beka kigizdan patak solinganini sigir tomonga sudraydi. Qiz yangi kalishni oyogʻiga ilib, paxtazorga joʻnaydi. Uchi salgina yirtilib, qizgʻish lattasi chiqib qolgan kalishni esa Xoʻjayin xirmonga kiyib ketadi.

Xoʻjayin avval dalaga etik kiyardi. Oyogʻi shishib ketib kalish kiyadigan boʻldi. Etigi ulkan edi, qoʻnjilari uzun, keng edi. It kuchukligida bolalardan qochib, ana shu etik ichida necha martalab jon sakdagan. U paytlarda itning koʻksidagi oqi bilinmasdi. Yunglari hozirgidek timqora emas, qizgʻish, mushuknikidek mayin edi. Bolalar tortqilashganida yulinib ham ketardi. Dumi bilan quloqlari bus-butun edi.

Keyinchalik qirqishib... Oʻziga yegizishgan.

Xoʻjayin kalish kiyadigan boʻlgach, etikka birov qaramadi. Ancha mahal chang bosib yotdi, soʻngra qayoqqadir gʻoyib boʻldi. Bu qutilmaganda yuz berdi. It ayvonga chiqqanida, etikning turaverib iz boʻlib qolgan oʻrniga koʻzi tushdi. Shundagina etikning yoʻqolganini sezdi. Iskadi, ammo qaerga olib ketilganini bilmadi. Narsa yerdan koʻtarildimi, qayta yerga tushmasa, tamom, hidini topish qiyin.

Shu-shu ayvonda uch juft kalish qoldi. Hasharchilarning poyafzallari bular safiga yaqinda koʻshilgan. O’sha kuni it qoʻnimini yoʻqotdi. Qancha oyoq-kiyim koʻpaysa itga shuncha yaxshi. Axir, uyga kirib ketganlardan qoladigan birdan-bir nishona shular. Shular yolgʻizlikni bilintirmaydi. Biroq hasharchilarning poyafzallari dastlabki kunlardanoq pala-partish yechiladigan, hatto ichkariga kirib ketadigan. boʻldi. Gohida qoʻnjisi kalta etik bilan keda kalishlar ustiga chiqib qoladi. Bu — itning gʻashiga tegadi.

Oqtoʻsh, Oqtoʻsh boʻlgandan beri ularnikiga ne-ne poyabzallar kelib ketmadi. Lekin hech qaysisi bularchalik koʻp turishmagan, betartib boʻlmagan. Bunday mehmonlarning ularnikiga birinchi bor qoʻnishi...
— Oqtoʻsh!

It Bekaning ovozini eshitib, sapchib oʻrnidan turdi. Butun gavdasi bilan silkinib, yungiga yopishgan tuproq quyqarini tushirdi-da, echkinikidek boʻlib qolgan dumini likillatib yugurdi.

Beka tandirdan uzib tashlagan kuyik non issiq edi. Oqtoʻsh birdaniga ogʻziga ololmay norozi vingilladi. Non hidi ishtahani qoʻzgʻab shoshirdi. U ogʻzi kuyganiga ham koʻnikdi. Bir-ikki yerga tushirib boʻlsa-da, bostirma ostiga olib keldi. Ostiga yarimta gʻisht qoʻyilgan ustun yoniga tashlab, kursillatib yeya boshladi.

It och edi. Tongda qizni paxtazorga kuzatib kelgandan keyin ham tuz totmagandi. Odatda yoʻldan nimadir topilardi. Ayniqsa, hasharchilar kelgandan buyo goʻsht, suyaklar, chala yeyilgan non burdalari uchrab turardi. Bu gal hech narsa yoʻliqmadi.

Oqtoʻsh nonni yeb bitirgach, yalandi, u yoq-bu yogʻ yana umidvor qaradi. Koʻzga ilinadigan biror narsa yoʻq. Noiloj turdi, oldingi oyoqlariga tiranib oʻzi kerishdi. Ustiga shifer yopilgan uychasi oldidagi yalogʻiga qaradi. Qup-quruq. Yana yalandi va chanqogʻini bostirish uchun tunkadan yasalgan tovuqlar suvdoni tomon loʻkillab ketdi.

It idishdan bosh koʻtarayotganda makkajoʻxorisi yigʻib olingan tomorqadan nimadir yaraqladi. It zudlik bilan u yerda hozir boʻldi. Boʻsh shishani koʻrib, boʻshashdi. Lekin bari bir hidladi. Badboʻy hiddan koʻngli agʻdarilib, bostirmaga qaytdi.

It nima yaltirab koʻrinsa, albatta, oʻsha yerga boradi. U qachonlardir chala yeyilgan konserva topib olgan O’sha-oʻsha yaltiroq narsalarni konserva faraz qiladi! Tomatli baliqlarning mazasini toʻyib boraveradi! hidlayveradi.

Oqtoʻsh oldin bunday narsalarning hidini ham bilmasdi. Xonadonning bisotini tinchgina qoʻriqlab yurardi. Ovqatni egalarining qoʻlidan yerdi. O’zga qoʻlga qaragulik qilmagan. Hammasi hasharchilar kelgandan keyin boshlandi. Bular keldi-yu. Xoʻjayin ham, xoʻjalikning tutumi ham oʻzgardi. Toza turadigan hovlida sigaret qoldiqlari, boʻshagan shishalar, konserva qutilari paydo boʻla boshladi. Chiroqlar kech oʻchadigan boʻldi. Kirdi-chiqdining me’yori boʻlmay, xonadon oyoq ostida qoldi. Oldiniga it bu yangi muhitga koʻnikolmadi. Hasharchilarning uy-anjomlaridan bemalol foydalanishlari, turfa xil odamlarning vaqt-bemahal kirib kelaverishlari itga alam qilardi. Goʻyo oʻziniki bilan begonaning farqi qolmayotgandek edi. Kim boʻlsa chaqirmay-netmay bostirib kirib kelaversa, ularni kiritmaslikning iloji boʻlmasa, biror narsani qoʻriqlamasa itligi qaerga bordi buning?! Unga ham qiyin edi...

Kun ilib, Oqtoʻshni pashshalar talay boshladi. Mudradi deguncha koʻzining jiyaklariga, burnining teshiklariga qoʻnadi. Hol-joniga qoʻymaydi. Toqati toq boʻlgan it katta koʻkish pashshani poyladi. Roʻparasiga kelganidanoq, panjasi bilan urdi. Moʻljal xato ketib, chang koʻtarildi. It alamidan boshini ikkinchi qoʻliga olib, koʻzini yumdi.

Chang bosilgach, qaergadir gʻoyib boʻlgan koʻkish pashsha yana vizillab qoldi. Oqtoʻsh qoʻzini salgina ochib, pashshani kipriklari orasidan kuzatdi, tumshugʻiga qoʻnishini kutdi.

Pashsha itning tumshugʻiga endi qoʻnmoqchi edi, ulgurmadi. Oqtoʻsh ogʻzini ochgan koʻyi unga tashlandi. Pashsha bu gal ham chap berdi. Itning ogʻziga boshqa bir chirkov kirib ketdi. U chirkovdan qutulish uchun yutindi. Chirkov esa ichkariga oʻtmay tanglayiga yopishib qoldi. Oqtoʻshning tanglayi qichimsirab, yoʻtaldi, ammo ogʻzidan chirkovni chiqarolmadi. Tili tanglayiga yetmadi. Boshini sarak-sarak qilib vingshidi, qisqa-qisqa pishqirdi, boʻlmadi. O’rnidan turib gʻoʻza-poya gʻarami tomon chopib ketdi.

G’oʻzapoya ayvon yonidagi yalanglikka bosilgan. It pashshalardan bezor boʻlganidan hamisha shu yerga keladi. Ayniqsa, gʻaramning mollar qashlanaverib yoydek oʻrlatib yuborgan tomonida umuman pashsha boʻlmaydi.

Oqtoʻsh shu yerga kelib yotdi. U hamon boshini sil-kitar, oʻqchir, oldingi oyoqlari bilan tumshugʻini silab, nochor vingshirdi.

It chirkovdan qutulganida, Beka tandirdan ikkinchi marta non uzdi. U savatdagi nonni uyga tashlab chiqqach, hasharchilar yotgan pardasiz xonani taqillatdi. Ichkaridan ovoz boʻlmadi. Mushti bilan urdi. Eshik ochilib, ostonada yelkasiga qora toʻn tashlagan yoʻgʻon kishi koʻrindi. Bu qoʻnjisi kalta etikning egasi edi. Beka unga quyoshni koʻrsatib nimalardir dedi. Hasharchi bosh silkidi va oyogʻiga etigini ilib, sahn chetidagi gaz baloniga borib oʻtirdi. Ogʻzini katta ochib esnadi va Oqtoʻshga koʻzi tushib, «Hu-u-ut» degancha poʻpisa qildi. It uning dagʻdagʻasidan norozi toʻlgʻandi. Osilib tushgan ustki lablari pir-pir uchdi. Ammo oʻrnidan turmadi.

Oqtoʻshning kimir etmaganidan dargʻazab boʻlgan «barzangi» tosh qidirdi. Buni payqagan it zipillagancha gʻaramning yon tomoniga oʻtdi hamda gʻoʻzapoya choʻplari orasidan uni kuzatdi.

It yurak oldirib qoʻygandi.Uning avjini Xoʻjayin qirqqan. Hasharchilarga hurdi deguncha, haydab soldi. Hatto bir gal moʻylov yigitni katak tomonga oʻtkaz-maganiga uchi singan oʻroq bilan urgan ham...

Pardasiz xonadan boshqa hasharchilar ham birin-ketin chiqib kelishdi. Oldinda ikkala koʻzoynakli, ortidan moʻylovli yosh yigit. Koʻzoynaklilar qora tuflilarning egalari. Ular beozor. Boʻsh boʻldi deguncha, taxtachadagi donachalarga termilishgani termilishgan. Kedaning egasi moʻylovli yigit esa shoʻx. U ham qoʻnjisi kalta etikning egasi singari tunlari uyda boʻlmaydi. Undan hamisha badboʻy hid anqiydi.

Oldinda Oqtoʻsh, orqada yelkalariga etaklarini tashlagan toʻrt hasharchi uzun-qisqa boʻlib yoʻnalganlarida anhor yoqasidagi yoʻl huvillab qolgandi. Yoʻlda faqat terimchilarning hamda tongda oʻtib ketgan qishloq podasining izlari. Paxtazorda esa xirmondagi arava va qaqqayib turgan hasharchilar. Qishloqliklar bosh koʻtarmay terishayotgani uchun koʻzga tashlanavermaydi. Ularning bor-yoʻqligi ham bilinmaydi.

Ular odatdagidek, Uchtepa etagidagi chimzorga borishdi. Chimzor pastqamroqda, koʻtarma qilib qurilgan yoʻl, qishloq tomonni toʻsib turadi. Hasharchilar kelasolib oʻtirishni boshlab yuborishdi.

Oqtoʻsh anhordan chiqarilgan loyqa uyumi ustida choʻnqayib oʻtiribdi. Koʻzlari dasturxonda, nimadir tashlanishidan umidvor. U kolbasa boʻlinayotganda tinchini yoʻqotdi. Bir-ikki tamshandi, chapillab yalandi. Yana tilini ostiltirgan koʻyi bir tekis nafas ola boshladi.

Oqtoʻsh intilgancha bor edi. U kolbasaning ta’mini bilardi. Yumaloqlab tayyorlangan xushta’m goʻshtni it xuddi shu yerda totigan... Dastlabki tashlangan kolbasa yogʻliroq edi. It irganibroq yaladi. Mazasini totib koʻrgach, yana kutdi, lekin ular boshqa berishmadi. Ziyofat oxirida esa yogʻlisini ham, yogʻsizini ham Oqtoʻshga irgʻitishdi. Biroq endi qorongʻi edi. Koʻpi isrof boʻldi. Oqtoʻsh hidlab topganlarinigina yedi. Nechtasi anhorga tushdi, nechtasini topib boʻlmadi. Aslida hasharchilar bilan brigadir bu yerga tushdan keyinoq yigʻilishgandi. Poda qaytganda turishmoqchi edi, bir-birini tortishib oʻtirib qolishdi. Bu orada moʻylovli yigit qishloqqa bir tushib chiqdi. Narsalarga koʻz oʻtmay qolganda, oʻrinlaridan turishdi. Shu-shu bular paxta terishmaydi. Kunni chimzorda kech qilishadi...

Oqtoʻsh ham ular bilan birga. Ba’zida ular nishxoʻrdlardan tashqari katta-katta kolbasa boʻlaklarini in’om qilib turishadi. Bugun negadir e’tibor berishmayapti, Qoʻnjisi kalta etikning egasi boshiga toʻnini qoʻyib uxlayapti. Koʻzoynaklilar shaxmat oʻynayapti. Moʻylovli yigit tomosha qilyapti.

Oqtoʻsh ularni kuzatishdan, kutishdan zerikdi. Orqa oyogʻi bilan kalta qulogʻini qashidi-da, Uchtepa ortidagi paxtazorga qarab ketdi.

Terimchilar yaqinda bu kartadan chiqishgani uchun atrof kimsasiz yastanib yotardi. Egatlarga terim mashinalarining izlari muhrlangan. Shoxlari sinib yonlariga osilib qolgan gʻoʻza tuplari bebarg, befayz. Bu majruh qora choʻplarning bir paytlar gurkirab oʻsga-niga ham, barg yozib gul tukkaniga ham ishonging kelmaydi.

It ana shu qora choʻplar orasidan quruq barglarni qisirlatgancha bosib borardi. U maydonni qoq ikkiga boʻlgan ariqchadan oʻtib, gʻoʻzasi ola ekilgan joyda toʻxtadi. Qisqa-qisqa iskadi, pishqirdi. Turgan joyida aylanib qoldi. U bezovta edi.

Oqtoʻsh bu yerga kelganida tinchini yoʻqotar, ba’zida uzun-uzun uvlab ham olardi. It bu yerga hayotidagi unutilmas xotirotni tuygani kelardi. U oʻz xotirotini tiklayotganida koʻz oʻngida oqish pagʻa rang paydo boʻlar, bu rang bora-bora itga aylanardi. Oq itga... Sekin-asta oʻsha Oq itning och jigarrang tumshugʻi, tiyrak koʻzlari, boʻynidagi titilib ketgan chilviri, ixchamgina jussasi gavdalanardi. Keyinchalik oʻsha Oq it ortiga qayrilib, Oqtoʻshning quloqlarini pushti tillari bilan yalayotgandek, erkalanib boʻyniga boʻynini suykayotgandek, yuzlariga iliq, yoqimli nafasi urilayotgandek boʻlardi. Hamda birdaniga gurillagan ovoz, dimogʻni yorgudek badboʻy hid yopirilib kelardi. Itni koʻzi tinib boshi aylanardi; koʻngli agʻdarilardi. Oqtoʻsh shunda bu shirin va achchiq xotirot iskanjasi-dan qutilish uchun ortiga qaytardi.

Oqtoʻshga xotirot boʻlgan voqea tundan boshlandi. Ular koʻp yoʻl bosishdi. Charchoq nimaligini bilishmadi. Hamon yugurishardi. Oldinda boʻyniga chilvir bogʻlangan Oq it, ortida gala. Gala tobora koʻpayib borardi. Oq itning hidini bilganlar kelib qoʻshilishaverdi, qoʻshilishaverdi.

Gala suvni kechib oʻtmay, kanal yoqasidan yoʻl soldi. Shunda Oqtoʻsh paytdan foydalanib gala boshiga shudgor orqali kesib chikdi. U halitdan buyon chilvirli itga hech qaysi itni yoʻlatmayotgan Olaparga yetib bordi. Uni koʻkragi bilan surib, oʻrniga oʻzi oʻtdi. Olapar irilladi, ammo hujum qila olmadi. Oqtoʻshning yoʻgʻon gavdasidan, oʻt chaqnab turgan qoʻzlaridan hayiqdi.

Endi Oqtoʻsh Oq it bilan yonma-yon borardi. U Oq itga yanada yaqinlasharkan, uning quloqlarini beozor tishladi. Tumshugʻi bilan tumshugʻiga, boʻyniga turtkiladi, iskalandi. Quloqlarining ostini yalay boshladi, yalay boshladi. Shuday yaladiki, uning muloyim mayin yungidan huzurlanib ketdi. Oqtoʻshning issiq nafasiga, gurkirab urayotgan balogʻat hidiga chilvirli it bardosh bera olmadi. Oqtoʻshga yon berdi va uni boshqalardan ajratib ergashtira boshladi.

Shunda galada besaranjomlik paydo boʻldi. Itlar toʻxtovsiz hurib, Oqtoʻshga hujum qildilar. Ular Oq itni qizgʻanishmokda edi. Hujumni Olapar boshladi. U vovillagancha Oqtoʻshning orqa soniga tashlandi. Biroq tishlashga ulgurolmadi. Uning nojoʻya harakatini payqagan Oqtoʻsh unga bostirib bordi. Olapar oʻzini oʻnglaguncha, Oqtoʻsh uning qulogʻi aralash boʻynidan tishlashga ulgurdi hamda uch-toʻrt siltab yoniga otdi. Olapar gandiraklab turib qoldi va akillab orqaga tisarildi. Bu bilan Oqtoʻshga tashlanish taraddudida boʻlgan boshqa iliqqan itlarning ham avji qirqildi.

Oqtoʻsh yer titib irillar, bironta itni chilvirli Oq it tomonga oʻtkazmasdi. O’zi esa tislana-tislana unga yaqinlashib borardi.

Ularni bir necha itlar ta’qib qilib keldi. Ke-yin siyraklashaverdi, siyraklashaverdi. Bitta-bitta ortda qolaverdi.

Oqtoʻsh chilvirli Oq it bilan mana shu gʻoʻzasi ola ekilgan maydonga tong otmay yetib kelishdi. Durkun gʻoʻzalarning barglari hoʻl, havo salqin, muzdek suvni simirgandek badan-badaningni yayratardi. Atrof tinch, yurakni hapriqtirib yuboradigan darajada osuda. Hech narsa halaqit bermasdi...

Quyosh Uchtepadan moʻralaganida ularning tinchi buzildi. Qovoqaridek gʻoʻngʻillagan ovoz keldi. Birdaniga ovoz tobora yaqinlashib kuchayib bordi. Ular talvasaga tushib qolishdi. Qochishga ulgurishmadi. Osmondan ular tomonga qanotlarini kerib bir narsa bostirib kelardi. Bu narsa juda bahaybat va qoʻrqinchli edi. U yeru koʻkni larzaga solib, borliqni kar qilgudek oʻkirib kelardi. Oqtoʻsh har xil ovozlarga oʻrgangan, lekin bunday ovozga ilk bor duch kelishi edi. Osmondagi maxluq bir zumda bular tomonga shoʻngʻidi. Kelayotgan bu fojiadan hamma narsa titrardi. Oq it dagʻ-dagʻ qaltirardi. Qaltiroq Oqtoʻshga ham oʻtdi. Ular qoʻrquvdan ovoz chiqarisholmasdi. Shu lahzada maxluq ularni bosib ketadigan darajada pastlab, hayqirgancha oʻtib ketdi. Bu juda tez roʻy berdi. Itlar uni tuzukroq koʻrisha olmadi ham.

G’oʻzalar bosh tebratib shovullab yuborishgandagi-na, ularning garangsigani tarqadi. Vangillashib qochib qolishdi.Ular qayoqqa ketishayotganini bilishmas, faqat yugurishar, tinmay yugurishar, mana shu vahima quchogʻidan qutulishsa bas edi. O’ta nordon, badboʻy hiddan Oqtoʻshning boshi aylanib koʻzi tinaverdi, oyoqlari chalkashdi, jufti ham shunday boʻlmoqda edi. Ular butunlay boʻshashib, badanlari oʻzlariga boʻysunmay pir-pir uchardi, yugurayotgan boʻlishardi-yu, badboʻy ajal muhitning cheti koʻrinmasdi, ularni ta’qib etayotgandek edi. U sarsiz-sarhadsiz edi. Havoga tarqagan hid nafas olishgan sayin burunlarini kuydirar, tomoqlarini shilib yuborgudek achitib, azob berardi. Kun issiq, gʻoʻzalarning barglari qalin, dim, gʻir etgan shabboda yoʻq, havo ogʻir, nafas olish borgan sari qiyinlashardi. Ularning madorlari qurib, holdan toyishdi. Ajralisholmadi ham. Serbarg gʻoʻzalarga suyanib, yotib qolishdi.

Oqtoʻsh badanlariga botayotgan gʻoʻza novdalarini va oʻzining hayot ekanini sezdi. Soʻngra qaerdandir gʻoʻngʻillagan ovoz eshitildi. Bu ovoz hali ham ikki-uch marta qulogʻiga elas-elas chalinganini tuydi. Lekin bunisi ancha uzoqdan kelar edi.

Atrofdagi qurt-qumursqalar harakatini toʻxtatib qotib qolishgan, pashsha, chivinlar, shalpaygan barglarga osmondan yogʻilgandek yopishgan. Jufti — Oq it esa qaergadir gʻoyib boʻlgandi.

Oqtoʻsh badboʻy hidni sezmayotganiga ajablandi. Tez-tez hidlab koʻrdi. Bilmadi. Ammo oʻzining nihoyatda vazminlashib qolganini, boshini koʻtarishga qurbi yetmayotganini sezdi...

Oqtoʻsh oʻsha-oʻsha boʻyniga chilvir bogʻlagan Oq itni boshqa uchratolmadi. Unga oʻsha kundan tez-tez boʻlib turadigan bosh ogʻrigʻi va ana shu unutilmas voqea xotirot boʻlib qoldi. Uning gʻoʻzasi ola ekilgan maydonda har gal tuyadigan xotiroti ham ana shular edi.

Ayvondagi keda har kungidan oddinroq gʻoyib boʻldi. Endi faqat qoʻnjisi kalta etik qoldi. Bu ham muzika tinmasdan qaergadir gumdon boʻladi. Itga hamroh boʻlib qoladigan poyabzallar odatdagidek ikki juft qora tufli, oʻziga qarashli kalishlar.

Uylardagi chiroqlar siyraklashdi. Dastlab Xoʻjayin bilan Bekaning xonasidagi, keyin qiz yotadigan xonaning chirogʻi oʻchdi. Atrof qorongʻilashdi. Ayvondagy chiroq nursiz. Muzika hamon avjida. Chigirtkalarning chirqillashi tinmagan.

Oqtoʻsh gʻoʻzapoya gʻarami yonida betob yotibdi. Uning bosh ogʻrigʻi xuruj qildi. Eski dardi qoʻzgʻab qoldi. Oddin oyoqlari uvishdi, yelkalariga, boʻyniga oʻtdi. Boʻgʻinlari qaqshadi. Sekin-asta boshiga ogʻriq kirdi. Bir lahza borliq qorongʻilashdi, hech narsani ilgʻamadi. G’aram yoniga amallab yetib oldi. Keyin nima boʻlganini, qancha mahal yotganini bilmaydi. Mana, endi, ogʻriq yengillashib koʻzi ochildi.

Qiz yotgan xona tomondan nimadir kisirladi-yu, it ogʻriqni unutdi. O’rnidan turib oʻsha tomonga yurib ketdi. Muyulishga yetmasidan deraza ochildi, ichkaridan Qiz osilib tushdi. Oqtoʻsh uni qarshilab iskalandi, erkalandi. U itga parvo qilmadi. Derazani sassizgina yopdi-da, qoʻlidagi kalishini kiyib, oyoq uchida uyning ortiga oʻtdi.

Xojaning kiyimlari bugun boshqacha edi. Yurganida shitirlardi, yoqimli bir hid taratardi. U avvallari tunda tashqariga chiqmasdi. Chiqqanida ham uzoq turmasdi. Muzika eshitilayotgan tomonga qarab qolardi; koʻproq turgudek boʻlsa, onasining ovozi eshitilardi-yu, chuqur xoʻrsinib, noiloj xonasiga kirib ketardi.

Qiz oʻyin maydonidagilarni tandir yonidagi tuynukdan, Oqtoʻsh esa makkapoya gʻarami yonidan kuzatdi. O’yinchilar orasidan birinchi boʻlib kedaning egasi koʻzga tashlandi. Uning uzun boʻyi va qora moʻylovi boshqalardan keskin ajralib turardi. Xoja har damgidek unga berilib qarab qoldi.

Qiz hasharchilar kelgan kundanoq shunaqa edi. Uni tinimsiz kuzatardi. Ba’zan Oqtoʻshga tinchlik bermasdi. Uni loyqa uyumidan quvib, oʻrniga oʻzi chiqardi. Chimzorga tikilardi. Hatto uning dordagi yuvilgan koʻylagi ostidan oʻtayotganida ham toʻxtar, yuzlarini koʻylakka bir zum tegizib, suykalib oʻtib ketardi. Atrofda hech kim boʻlmasa, ayvondagi kedasini kiyib koʻrardi, bir-ikki qadam bosardi ham.

Mana bugun tergan hamma paxtasini chimzorga el-tib, shu moʻylovli hasharchining etagiga agʻdarib berdi. Endi tuynukdan kuzatyapti. Ammo moʻylovli yigit Xo-janing unga intikdigidan bexabar, u sochi qirqilgan qizni bagʻriga singdirib yuborgudek quchoqlab, kuy ohangiga mos tebranadi...

Oyoq sharpasi Oqtoʻshning diqqatini oʻziga tortdi. Darhol tandir tomonga qaradi. Xoja tuynukdan uzoqlashib, uy tomonga ketayotgandi. It uning ortidan yurdi. Xojaning boshi egik, yelkalari titrardi. Uning boyagi shashti, yurishlaridagi chaqqonligi yoʻq edi.

Ular yana uylarning orqalaridan yurishdi. Oqtoʻsh traktorchi qoʻshnining uyi ortidan oʻtayotganida toʻxtab qoldi. Uning dimogʻiga tanish poyabzal hidi urilgandi. Lekin qaysi poyabzal hidi ekanligini it bilmadi. Oldinga yurdi, ortga qaytdi. It iskab borarkan, Xojasi oʻz xonasiga kirib ketganini payqamadi. Hid qadam-baqadam yangilanib borardi. Qadamlar katta, masofalar tez bosib oʻtilgandi. Iz oʻzlarining hovlilaridan chiqqandi. It izning hididan adashmadi. Hid uni ayvonga, poyabzallar turadigan joyga boshlab keldi. Poyabzallar orasida qoʻnjisi kalta etik yoʻq edi. Oqtoʻsh ortiga qaytdi. Hid traktorchi qoʻshnining uyi orqasiga kelganda birdaniga izsiz yoʻqoldi. Atrofda dov-daraxt yoʻq. U tumshugʻini shabboda esayotgan tomonga tutdi. Hidni tutolmadi. Alangladi va devorning yuqorirogʻidagi derazaga koʻzi tushdi, hamda oldingi oyogʻi bilan deraza raxiga tirmashdi-da, iskadi. Tanish hid. Raxda qoʻnjisi kalta etikning izi bor edi. Ichkariga barzangi hasharchining kirgani shubhasiz. Biroq derazaga oppoq parda tortilgan. Ichkari esa timqorongʻi, hech narsa koʻrinmaydi.

Oqtoʻsh tokchaga chiqmoqchi boʻldi. Lekin chiqishga qurbi yetmadi. Tokchani faqat qitirlatdi, xolos. Uning tirnoqlari beton tokchaga oʻtmay zirqirab ogʻridi. It norozi gʻingʻilladi. Shunda ichkaridan qoraroq soyaga oʻxshash narsa koʻzga ilindi. U gʻingʻillashini bas qilib, soyaga tikildi. Soʻngra yana tataladi, intildi. Soyalar quyuqlashib, aniq bir juft soyaga aylandi va deraza oynasiga yaqinlashdi. Oppoq parda yengil tebrandi. It qattiqroq tatalab, irilladi. Soyalar bunga bardosh berisholmadi, sekin uzoqlashib qorongʻilikka singib ketdi.

Oqtoʻsh noiloj pastga tushdi. Tez-tez boyagi izlarni iskadi, deraza tomonga qarab vingshidi, vingshidi, lekin vingshishdan oʻzi qoniqmadi. U parda ortida qandaydir yomon bir narsa boʻlayotganini bildi. Yoʻl tomonga choʻnqayib uliy boshladi.

It yoʻlga qaragancha uvlayapti. Yoʻlda marjondek yulduzlar tizmasi boryapti. (Ular aslida yulduzlar emas, zavodga paxta olib ketayotgan transportlarning chiroqlari). Yulduzlarning bir jufti uyning egasiniki. It shularni oʻziga chorlayapti. Qaniydi oʻsha bir juft yulduz shu tomonga burilsa, tezroq burilsa. Hov anavi daraxtning yoniga kelganidayoq qarshisiga yugurardi. Qoʻshni yigitning kabinadan epchillik bilan tushishini kutardi. Oyogʻi yerga tekkanidanoq etigiga yopishardi. Doimo moy hidi keladigan etigiga. Mahkam quchoqlab olardi, vingshirdi, vingshirdi. Uyiga tezroq kirishini, u yerda nojoʻya ish sodir boʻlayotganini, barcha-barchasini bildirardi. Tezroq burilsa edi, oʻsha bir juft yulduz. Odatdagidek tongga yaqin emas, hoziroq burilsa, gʻayrining derazadan oshib kirganini bilsa, Burilsa, burilsa. Yoʻq, burilmaydi, burilmaydi. Ular jimirlaydi, xolos, jimirlaydi. Yul-duzlar faqat jimirlaydi, oʻzlariga chorlaydi. Chorla-ganingga kelmaydi, kelmaydi.

* * *

Hasharchilar ketganiga ham mana ancha kun boʻldi. Ular ketdi-yu, hammayoq huvillab qoldi. Yana xoʻrozlarning qichqirishlari, tunlari itlarning xurishlari qishloqqa oʻz hukmini oʻtkaza boshladi. Hamma narsa oldingi holiga qaytganday boʻldi-yu, Oqtoʻshning ahvoli oʻzgardi. U qattiq ogʻridi. Uch kundan buyon tuz totgani yoʻq. Yalogʻidagi non toʻgʻralgan sutga ham qaramadi. Koʻngli hech narsa tusamadi.

Dard bu gal kutilmaganda boshlandi. Badani umuman uvishmadi. Birdaniga koʻzi tinib, oyoqlari oʻziga boʻysunmay qoʻydi, yiqildi. Kechga yaqin xoʻjayin toʻshakka solib, uychasiga sudrab olib keldi. Shu yotgancha yotdi. Kecha kechqurun ketmoqchi edi, ketolmadi. Bu yerda qolib ham boʻlmas edi. U nimanidir yaqinlashib kelayotganini va pgu nimadir uni olib ketishini tobora aniqroq bilardi.

Chiroqlarning oʻchishini kutdi. Hammasi koʻngildagidek boʻlgach, zoʻrgʻa oʻrnidan turdi. Oʻrnidan turishga turdi-yu, koʻzi tinib chayqalib ketdi. Oyoqlar turib berdi. O’zini tutdi. Endi butun gavdasi qaltirardi. Ayniqsa, toʻrt tomonga tiralib turgan oyoqlar shunday qattiq qaltirardiki, egilib, jussani yerga tushirib yuboradigandek edi.

It yurmoqqa hozirlandi. O’ng oyogʻini yerdan salgina uzgandi, muvozanati buzilib, ogʻa boshladi. U darhol oyogʻini joyiga qoʻyib, muvozanatni saqlashga ulgurdi. It tikka qoldi. Ammo qaltiroq battar avj oldi. Darmonsizlikdan tumshugʻining uchini ter bosdi. Yeru koʻk chirpirak boʻla boshladi. Oqtoʻsh koʻzlarini chirt yumib, oyoqlariga tayandi. Bor umid oyoqlarda qoldi. Afsuski, vaqt oʻtgan sayin oyoqlaridan ham mador ketib borardi. It uzoq tik turolmasligini bilsa-da, yotmadi. U ketishi kerak edi. Yana oldinga qarab intildi. Bu gal oʻzini oʻnglayolmadi. Gavdasi ogʻirlik qildi. Chap tomonga ogʻib yiqildi va hushdan ketdi.

Tongga yaqin oʻziga keldi, tush koʻrdi. Tushiga Oq it kirdi. Oq it uni qaergadir ergashtirib ketardi. Oqtoʻsh Oq itning izlarini bosib borardi, izlar ol-dingi oyoqlarnikini orqa oyoqlar takrorlaydi. Ular tezroq yurishdi. Qadamlar hamon bir-birini takror-laydi. Yana tezlashishdi, yugurishdi, chopishdi. Ular cho-pishgandagina oyoqlar bir-birini takrorlamay qoʻydi. Toʻrttala oyoq oʻz holicha tusha boshladi. Ular uchib bo-rishayotgandek chopishardi. Yunglari havoda silkinardi. Qadamlarining tovushi eshitilardi. «Dukur-dukur, dukur-dukur, dukur-dukur». Keyin birdaniga oyoq tovushlari juda ham koʻpayib, tartibsiz va qattiqroq eshitildi. Shundoq qulogʻining ostida dukurladi. «Dukur-dukur-dukur-dukur». It uygʻondi. Tovush oʻngida ham yerdan eshitilardi. Oqtoʻsh koʻzini ochdi. Katakdan chiqarilgan tovuqlar ekin maydoni boʻylab yugurishardi. Oq xoʻroz qanotlarini qoqib qichqirdi, tovuqlar, qanotlarini kerishdi.

Shu payt qoʻshnining xoʻrozi shitob bilan yugurib keldi-da, tovuqlardan birini quvib ketdi. Oq xoʻ-roz ququlab yer titish bilan ovora edi. Buni koʻrmadi. Oqtoʻshda esa begona xoʻrozni quvish istagi boʻlmadi.

U bu mojaroga befarq tikilib yotaverdi. Oqtoʻsh hasharchilar kelib ketganidan soʻng koʻp narsalardan judo boʻlgandi. Birinchi boʻlib egalik tuygʻusidan, albatta. U avvallari qaramogʻidagilarga hukmrondek boʻlib yurardi. Xonadon bisotiga begonani yaqinlatmasdi. Endi u ham oddiy bir uy hayvoni ekanini, mana shu miyasiz tovuqlardan, suzik koʻzlarini unga baqraytirib turgan sigirdan, burni kertilgan qora eshakdan oʻzini farqsiz boʻlib qolganini shu damda chuqur his qildi.

Tovuqlarga don sochib boʻlgan Xoʻjayin Oqtoʻshga yaqinlashdi. Yalogʻiga nazar tashlab, roʻparasiga oʻtirdi.
— Oqtoʻsh, senga nima boʻldi?

It nomini eshitib koʻzlarini Xoʻjayinga tikdi Xoʻjayin uning boshini siladi.
— Kasal boʻlib qolibsan-a? Qaniydi, sen jonivorning qaering ogʻriyotganini bilsam...

Oqtoʻsh Xoʻjayinning rahmi kelayotganini, lekin ilojsiz ekanini tushundi. It bu mehribonchilikka bardosh bera olmadi. Koʻzlariga yosh qalqidi.

Xoʻjayin uning boshini siladi. Soʻng tizzalariga tayanib oʻrnidan turdi-da, ogʻir-ogʻir qadamlar bilan uy tomonga ketdi.

Tushga yaqin Beka yuvindi koʻtarib keldi. U ham itga achinib-achinib qaytdi. Oqtoʻsh Xojasi — qizni qorongʻi tushguncha kutdi, kelmadi. U negadir uch-toʻrt kundan buyon koʻrinmasdi. Qaergadir ketgan.

Bugun havo kechagidan sovuq edi. Osmonda yulduzlar, xonadonlarda chiroqlar miltirab qoldi. Oqtoʻsh endi yoʻlta tushishi kerak. Agar bugun ketmasa ertaga kech boʻladi...

It arang oʻrnidan turdi. Endi yurishi kerak. U kechagiga nisbatan, oʻzini yaxshi sezdi. Shunday boʻlsa ham u oyoqlariga hamon ishonmasdi. Ammo ketishi shart, bu yerda qolib boʻlmaydi, qolib boʻlmaydi. Oqtoʻsh ishonqiramay asta qadam bosdi. Keyin yana, yana. U sekin va bir tekis yurib ketdi. It avval hovlini aylanib chiqdi. Uzi uchun qadrdon narsalar va buyumlar oldida oz-oz toʻxtadi. Ular bilan bogʻliq boʻlgan xotiralarni esladi. Soʻngra yoʻlga chiqdi.

It chimzorga kelganida harsillab qoldi. Yotsa turolmasligini bildi. Tik turgancha nafasini rostladi. Bu yogʻi endi shudgor. Qorayib turgan shudgorning ustki qismi yupqa muzlagan. Ostki qismi esa yumshoq. Yoʻlga qaraganda shudgorda yurish ogʻir. Buning ustiga yer tekis haydalmagandi.

Oqtoʻsh chuqurroq haydalgan bir joyga kelganida oʻzini oʻnglayolmay qoldi. Oldingi oyoqlari bir zumda yupqa muzlamani sindirib tuproqqa kirib ketdi. Oyoqlarini yerdan chiqarib ulgurolmadi. Tumshugʻi tuproqqa botdi. It bu yerda koʻp ovora boʻldi. Burnidan chiqayotgan hovurdan muzlama erib, nafas olishi qiyinlashdi. Dastlabki urinishi zoe ketdi. Oyoqlarini birdaniga yerdan sugʻurolmadi. Keyin yana qattiq intildi. Bu gal oyoqlari chiqishga chiqdi-yu, tizzalab qoldi. Endi tizzalar tuproqqa choʻkib borardi. It bor kuchini toʻplab yana urindi, turib oldi. Yoʻlda behol davom etdi.

Oqtoʻsh Uchtepa ortidagi gʻoʻzasi ola ekilgan joyga qarab borardi. Hozir yer haydalib, u joyni topish mushkul edi. Ammo it u yerni taxminan topib bordi. Bir daqiqa tuproqqa belangan tumshugʻini yuqori koʻtarib, havoni iskadi va yotdi. Bu gal u hayotida birinchi hamda oxirgi marta jagʻini qoʻlining ustiga emas, shundoq muzlagan kesakchalar ustiga qoʻydi va chuqur xoʻrsinib yubordi.

Havo sovuq. Osmonda yulduzlar bodraydi. Uchtepaning shundoq ustidan tuxumning sarigʻidek oy balqib turibdi. Oqtoʻsh esa shu hayotga tashna koʻzlarini tikkancha yotibdi.