OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Bahodir Qobul. Ena shamol (qissa)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBahodir Qobul
Asar nomiEna shamol (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Bahodir Qobul
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm76KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ena shamol (qissa)
Bahodir Qobul

Iqror

Oʻzi uch martagina oʻgʻrilik qilganman. Bir marta yolgʻon gapirganman...

Opani-aya, opachani-opa, yungni-jun, qaroni-qora, kasratkini-buqalamun, koʻnani-koʻhna deb yozolmayman. Xat-savodim yaxshi. Eroni qishloqlik Isroil muallim oʻrgatgan. Kitobdagiga oʻxshatib yozaman desam, boriyam esimdan chiqib, chalkashib ketadi. Koʻkayda boʻlak, yozigʻda boʻlak boʻlayapti. Keyin kitob tilida yozsam, qishloq odamlari oʻqisa hallozilik qilibdi, ichidan toʻqibdi, yolgʻon yozibdi deb kulishadi.

Onasini uyda, aslida opa deydi-yu, yozganda aya deb yozibdi, vax-xa-xa deb birinchi boʻlib jon joʻram Nafas kuladi. Kulmasayam, bekor qilibsan joʻra, toʻgʻri yozmabsanda demasayam, shu gapni aytganday qilib qarashi tayin. Yolgʻon gapirgandan yolgʻon yozgan yomon. Gapniki toʻgʻrilasa boʻlar-u, yozigʻ bilan kuygan terini tekislab boʻlmasmish. Choʻgʻalchilik qilmay, xush-u – xursand, yayrab yashaganga nima yetsin. Bu Enamning gapi.

Yolgʻon gapirgan bilan oʻgʻrilik qilganni otam ham kechirmaydi...

Joni bor elning jonli tilida yozaman. Buni oʻzim oʻylab topganman.

Otalar Makoni

Erta koʻklam toʻldan keyingi uyda ish sal kamaygan kunlarning birida otam orqalaridan yurishimga imladilar. Opam bilishlari shart emas ish ekanligini, menga katta odamdek muomila qilayotganlaridan dovdiragan boʻlsamda, bildirmasdan ergashdim. Bir yoni Oy Makon, bir yoni Oy Qortogʻning belidagi supagacha oldinma-keyin indamay bordik. Bu joylarni Soʻqoq deyishadi. Sayhonning oʻrtasidagi supaga yetib choratrofga diqqat bilan bir qur qarab chiqdilar. Keyin, katta surpa-supradek yapoloq toshning chetiga oʻng oyoqlarini toʻshab ustiga oʻtirdilar. Bildirmay toshni silagan boʻldilar. Xuddi odam yaxshi koʻrgan narsasini silagandek. Aytaylik, pishakchasini.

Bir maydon oʻtib bu joylar otalarimizning joyi ekanini aytdilar. Anavi maydonga yozda qora uy tikilardi. Mana bu joyda oʻchoqboshi boʻlardi. Bu toshning ustida men oʻynab katta boʻlganman. Qirni oʻyib omborxona qilinganligi shundoq bilinib turgan toʻrtta gʻorday-gʻorday yertoʻla ogʻzini koʻrsatib; bu yerlarda rizqimiz saqlanardi dedilar, juda past ovozda.
- Bu yerlarni yozloq derdik. Koʻklam oyoqlaganda mol-qoʻylarni yaylovga haydarik. Qishloqning katta-kichigi, echki-ulogʻi hammasi shu yerga chiqardi. Kech turamogacha yashardik. Hammaning osh-qatigʻi birga edi. Oy Qor yangi qorga yetishi bilan qishloqqa qaytardik, deyish barobarida har bir joyni, har bir qadam yerni izma-iz bosib koʻrsatardilar. Qiziqish bilan eshitayotganimdan yanayam quvonardilar.
- Qishloq degani qishda yashaydigan joy deganimi?

Bosh irgʻagan boʻladilar.
- Soʻqoqchi... ?
- Kiyik degani.
- Bu yerlarda kiyik boʻlganmi?
- Sanogʻiga yetolmasdik.

Qishloqda eshitganim: Kattatoqqa chiqsang, Samarqand koʻrinadi degan gapni rost-yolgʻonligini, bu sehrli shaharning qaysi tomonda ekanligini ertaroq bilishga urinaman.
- Ota, Samarqand qaysi tomonda?

Kun botishni koʻrsatadilar.
- Bu yoqda qiblamizku, deyman.

Otamning koʻzlari kulib, bir maydon gapirmay, oʻziga yaqin kelishimni imo qiladilar. Qoʻllari bilan ikki chekkamni silab quchogʻlariga oladilar. Nafas olganlarini eshitaman. Bir tutam havoni boʻlishamiz. Birov eshitmasin degandek qulogʻimga sekin,: qiblamiz Samarqandda deydilar. Sap-sariq va jingalak boʻlib oʻsib ketgan sochimni qulogʻlarimdan oshirib qoʻyadilar. Oʻng qoʻllari boʻynimda, chap qoʻlari oʻng yelkamda boʻladi. Betlarini betimga qoʻyib hidlaganlarini oʻzlaricha bildirmaydilar. Keyin koʻzimni yumib, ogʻzimni ochaman. Bilaman tuflab qoʻyadilar.

Opam otang kulib qarasa ogʻzingga tuflat deganlar. Boʻlmasa otib qoʻyarkanlar.
- Kun botishga qarayman. Uzoq-uzoqlarda quyoshdan boʻlak zogʻ koʻrinmaydi. Quyosh Samarqanga qoʻshilib ketgan koʻrinadi.
- Koʻz bilan koʻrinmaydimi?
- Koʻrinadi. Havo toza boʻlsa, saharda koʻrinadi.
- Yuqoriroqqa chiqsa koʻrinadimi?
- Samarqandni koʻrish uchun toqqa chiqish shart emas...

Tannoz Loʻli

Jarkoʻcha yoqalab oʻsgan son-sanoqsiz na’mataklarni birov butashga, shoxini sindirishga qoʻrqadi. Ularni ostida shayit-shahid boʻlganlar yotibdi degan gapga hamma ishonadi.
- Bir koʻchada shuncha shayit boʻlsa, bu koʻcha emas, jannat ekanda, deydi qilar ishini birov notoʻgʻri qilibsan demagan, gapiga birov pach urolmaydigan, biroq qishloqning tentagi deb nom olgan Mardon orqasi qoʻzib, koʻziga endi odamlar emas, itburin guli yomon koʻrinib qolgan vaqtlarda. Mardon oʻzi shunaqa: bir kun yomon yaxshi koʻrgan narsasini, ertasiga oʻlguday yomon koʻrib qolishi mumkin.
-Bizam bir shu koʻchada birovni shayit boʻlib, ustidan putta oʻsib chiqqanini koʻrmadikda, deydi, eshagi roʻparadan kelgan moshinadan qochib, itburinlarga yaqin borib, choponini tikon ilib, egardan noiloj tushib, nuxtani kalta ushlab, eshagini ketiga bir tepib qayta minishidan oldin.

Qishloq ahli na’matak gullashi bilan oʻtganlar shod boʻlishi haqidagi gapni koʻp eshitishgan. Koʻchaga na’matak guli ega chiqqanda loʻlilar kelish mavsumi boshlanadi. Ular na’matakni hulul deyishadi. Gullarini terib chakkalariga qadab ham olishadi. Birov bir narsa demaydi. Topgan yarimta non beradi, bermaganni yoqasidan olishmagan.

Koʻchani toʻldirib oʻtayotgan loʻlilar galasi bilan tengma-teng jarni ikki labida oʻspirinlar burni oqqan ukalarini yetaklagancha ularni izma-iz ta’qib-tomosha qilib borishadi. Koʻrinishidan loʻlilarning kattasi semiz va qora xotin qoʻlidagi yoʻrgakni tannozlanib, koʻzi olma-kesak terib kelayotgan novcharoq qizga beruvdi, qiz koʻtarmadi. Bir narsa deb gap qaytardi. Qoraxotinning jahli chiqdi. Yoʻrgakni boyagidan boʻyi pastroq qizga berdi. Oyoq ostidan yo sel olib kelgan, yo birovning oʻtinidan tushib qolgan ketmon dastadek tayoq qoʻliga ilindi. Ikki qoʻllab tizzasiga urgandi tayoq sinmadi. Keyin shundayligicha koʻtarib tannozga xezlandi. Qochmoqchi boʻlgandi, «mochagʻar isto» deb baqirdi. Qiz toʻxtadi. Toʻxtovsiz oʻshqirish ostida bir-bir bosib Semizxotinning oldiga keldi. Tiz choʻkdi.
-Oyajon shud, digar namekunam dedi yigʻlagudan beri boʻlib, lekin, yolgʻondan qilayotgani bilinib turardi.

Xotin tayoq bilan ilkisdan qizning boshiga urdi. Qiz boshini ikki qoʻllab changallab qoldi. Shunda yana bir tayoq qoʻllari aralash tushdi. Nimadir qarsillab ketdi. Yana va yana. Shunda xotin yoʻrgakni unga berishlarini tayinladi. Tannoz chaqalogʻni qoʻliga oldi. Oʻrnidan turgandi yelkasi aralash tushgan gumbullagan zarblardan qishloqning itlariyam vovullab yuborishdi. Ogʻriyotgan boshini changallashni ham, zir qaqshayotgan qoʻllarini siypalashni ham bilmay serraygancha joyida qotib qoldi. Tannoz yura olmasdi. Uning qaltirayotganligini uzoqdan ham bilsa boʻlardi. Qoʻllari bandligi uchun ogʻriqlarni iyagini osmonga koʻtarib, boshini gardaniga bosmoqchi boʻlganda qangshari aralash tushgan tayoqdan orqaga qalqib ketdi. Nima boʻlsayam yoʻrgakni qoʻldan chiqarmaslik kerak. Tushirib yuborsa bu azoblar toʻyga borgulik ekanini koʻrgan...
- Oyajon, jon oyajon, man memuram, jon oyajon, jonam dard kaysas degancha, jon jahdi bilan yoʻrgakni koʻksiga bosadi. Yigʻlash barobaridagi oʻkirishi yolgʻondakam emasligini tom ustidagi bolakaylar ham bildi. Boshi-koʻzi demay tushayotgan qora tayoq - qizil tayoqqa, undan keyin qolayotgan ogʻriqlarga qiz endi parvo qilmasdi. Parvo qilishga, ogʻriqni sezishga imkoniyat berilmagandi. Imkonini topmasa jon ham ogʻrimaydi...

Qoraxotin tomosha tugadi degandek, koʻylagini yoqasini parillatib yirtib shartta chap emchagini chiqardi. Soʻlqillatib avval jarning kun chiqish, keyin kun botish tomonidagi tomosha talablarga koʻrsatdi. Oʻspirinlar qoʻrqqanlaridan, koʻzlarini qoʻllari bilan bekitgancha ukalariniyam tashlab turra-turra uylariga qochishdi.

Oʻgʻrigina Bolalar

Turkqishloq bolalari oʻgʻrigina boʻladi.

Oʻgʻri boʻlarkan deb xursand ham xafayam boʻlmang. Yoʻ-oʻq. Unaqa katta oʻgʻri emas. El qatori. Hammaga oʻxshagan. Enamning aytishicha katta, atoqli oʻgʻrilarni oʻgʻri deb hech kim oldida ham, ortidan ham aytolmasmish. Ular bilan origʻiyam, semiziyam hisoblasharmish. Ulargayam zaruratda elni ishi tusharmish. Ularga qolgan kun qursin ekan. Oʻgʻriyam bandasi emish. Betiqaro, kuniqarolar emish.

Turkqishloq bolalari esa birda biror joyda biror narsa koʻziga yaxshi koʻringanidan ilib ketadi, xolos. Birda egasi qaramagan narsani olib qoʻyishadi. Lekin, egasi bilib qolib joyiga qoʻy deyishsa, olib chiqib berishadi. Otasi bilsa oʻsha narsani egasini oldiga borib ogʻziga siqqanini berib oʻgʻlini yomon otliq qilmaydi. Egasidan bu haqda biror joyda gapirmaslik shartini oladi. Egalar ham mard keladi. Yoʻqolgan narsasiga teng haq oladi. Ortigʻidan or qiladi. Yosh bolani koʻziga yaxshi koʻringan, ishqi tushgan narsani qaytarib olishni oʻziga ep koʻrmaydi. Gohida tovon -toʻlov uchun kelgan otaning koʻngliga qarab: oʻzi shu narsani kimga berishni bilmay turuvdim, olsa-olib yaxshi qipti, deb qoʻyadi, oʻpkasi toʻlib.
- Bolada, bolaga yarashadi, buyam bolalikni bejovi deyishadi. Bir-birovlarini gaplarini ma’qullagan boʻlib. Xuddi notoza joydan kelib ilkisdan toza joyga oralab ketib, noqulay ahvolga, hijolatga tushgan odamlarday.

Bolasi oʻgʻrilik qilsa-yu, ota boʻlib, koʻchani oʻrtasiga tushib, kuyib pishib tirnogʻi ortidan or talashish orzusida soyasi egasiz qolayotganlar qancha... bungayam yetgan bormish yetmagan bormish.

Boya aytganimdek, uch martagina oʻgʻrilik qilganman. Bir marta Samarqandda avtobusda. Bir marta qishloqda kaptar oʻgʻirlashda qatnashganman. Bir marta maktabda.

Maktab kutubxonasidagi oʻgʻriligimni hech kim bilmagan. Hatto oʻgʻrilik qilib qoʻyganimni oʻzim ham bilmaganman. Bilib qolib kutubxonachiga aytishga uyaldim. Toʻgʻrisi kitobni qaytarib berishdan qizgʻondim. Har holda keyinroq oʻylab qarasam buyam oʻgʻrilikka kirarkan. Buni sizgayam aytmayman. Kaptar oʻgʻirlash alohida gap.

Samarqand Shamoli

Qishni kuni bir tutam. Qattiq kelsa odam tugul jondor-u, qushi-quzgʻun ham tashqariga oʻrmalamaydi. In-iniga kirib ketadi. Odamlar uyda necha jon boʻlsayam bir xonaga, oʻtiradigan uyga tiqilishib oladi. Ikki uyni isitish, pechkaga oʻtin yetkazish qiyin. Ikki pechka yoqadiganlar yo bor, yo yoʻq. Qishning uzun oqshomlarida uy ichida paxta chivish rasm boʻladi. Qoʻlda chivilgan paxtani gul paxta, magazinnikini toy paxta deyishadi. Odatda gul paxta yumshoqligi uchun boʻlsa kerak faqat boshtag-yostiqlargagina solinadi.

Kechgi ovqatdan keyin opam chivish uchun opachalarimga ikki, ukam va singlimga bir changaldan paxta beradi. Menga tegishni Enam belgilaydi. Oʻsha oqshom tegishimni tezda chivib, aslida paxtani shundayicha Enamga topshirib oʻrnimga kirib yotib olgandim. Enam hech nima boʻlmagandek, xelvagay yenglariga bekitdilar. Odatda bu yerda chivilgan paxta boʻladi. Uxlab qolgan deb oʻylashdi shekilli, soʻnggi vaqtlarda Samarqand haqida Enamdan ham otamdan ham soʻraverganim, kim endi Samarqandga borsa meniyam olib borishlarini, oʻzim yiqqan pulim borligini aytaverganim Katta Enamni shu kech otamga shu gapni ayttirdi shekilli.

- Balamni Samarqandga birovga qoʻshib boʻlsayam yuboring. Bir koʻrib kelsin. Katta Otasining arvohi shod boʻladi. Ichikib qolmasin. Kun isishi bilan yuboring.

- Xoʻp Ena.

Koʻrpani ostida gaplarini eshitib yotaman. Enamning balam degani, bu man. Boshqalarni otini qoʻshib chaqiradi. Men Katta Enamning bolasi. Otam shunday deganlar. Meni qiladigan ishim bitta. Enamga qarash. Koʻz- quloq boʻlish. Boshqa odamning menga ish buyurishga, bu yoqa oʻtir, yoki tur deyishga haqqi yoʻq. Koʻnglimga yoqsa qilaman. Boʻlmasa yoʻq. Menga birov sal baland gapirsa Enam tomoq qirib qoʻyadilar. Baqirganning ovozi tomogʻida qoladi. Hatto oʻzidan-oʻzi janjal chiqaradigan, shirinchoyni dasturxonga toʻkib qoʻysang ham qishloqqa jar solib baqiraveradigan, qoʻshnimiz Toshbiyi ammani «Oʻchogʻ boshingni toza tutsang oʻlasanmi» degancha xoʻjayinchilik qiladigan opamni ham.

Rosayam xafa qilishsa uzu-kun yelkasiga otamning eski choponi tashlab, boʻri oʻtirish qilib oʻtiradigan Enamni orqa qilib, choponning ichiga kirib ketaman. Enamni bellaridan quchoqlab olaman. Kulatalari ustidan tushib kelgan sochpopuklariga osilgan kalit-u, jangul-jungul gʻubbachalarni qayta-qayta sanayman. Enam bergan ikkita quyoncha bilan oʻynayman. Ular Enamning atrofida yurishadi. aytishlaricha quyonchalar boshqalarga koʻrinmaydi. Shuning uchun bemalol oʻynashim mumkin.

Endi birov meni bu yerdan chiqarib boʻpti. Ovqat vaqti boʻlsayam chiqmayman. Suv ham ichmayman. Chopon ostida uxlab qolaman. Oʻygʻonganimdan keyin xafa qilishganlari esimdan koʻtarilib, chopon ostidan chiqib ketsamda, xafa qilganlari esimga tushsa darrov yana chopon ostiga kirib ketaman. Shunda Enam, uyda hech kim yoʻqligini, endi boʻlganligini, hali koʻp kitoblar oʻqishim uchun ovqat yeyishim kerakligini, ovqat yemasam katta bola boʻlmasligimni, yozda supa ustida musichalar bilan gaplashgandek sekin va dona-dona aytadilar.
-Oʻzim koʻtarganmanda. Toʻqqiz oy koʻtarganga emas, yerdan koʻtarganga oʻxshayman, degani shuda deydilar, dil-dildan quvonib.
- Oʻzimga oʻxshaganda... yigit odam ovqat yemasa dushmanlarini dimogʻi chogʻ boʻladi, turing endi, oʻsirigʻi dori bolam. Kech boʻldi, hamzamon mehmon kelib qoladi. Bunday qilaversangiz, urchuq yigira olmayman. Misqolning sigiri tugʻibdi. Kelagayi yaxshi ekan. Pallasidan olib qoʻydim. Turing...

Enamni aytishlaricha urchuq yigirib, nonlarini halollab yeyayotgan emishlar. Qoʻlidan ish keladigan odamni qoʻli ishda boʻlishi kerakmish. Otam topib kelayotgan nonni ham mehnat qilib yeyilmasa, soʻrogʻi qattiq boʻlarmish. Enam xafa boʻlmasliklari uchun aytganlarini qilaman. Chopon ostidan chiqib, tokchada turgan urchuq va xanjalani olib kelib beraman. Xanjala - yigirishga tayyorlangan, ungacha qayta-qayta yuvilib, titilgan va bir-bir biriga ulanib uzun arqon holatga kelgandan keyin, ochilgan katta atirguldek chiroyli qilib, yoʻq, magazinni kulchasi-bulichkaga oʻxshatib bilakka moslab oʻralgan, oʻrtasi bilakuzukdek teshik taxlangan yung boʻlagi. Xanjala yigirilsa ip boʻladi, ip yigʻilsa kalava.

Samarqandni koʻrmaganman. Uni qandayligini aslida Enamdan eshitib, kitoblardan koʻrib, oʻzimdan qoʻshib, kamiga har zamonda oʻzidan oldin soʻmkasining sassigʻi qishloq oralaydigan juhud rasmchining rasmlariga qarab Katta Enamga aytib bergandim, ha, durust dedilar.
- Buni bari enaqorin es enish, dedilar oʻzlariga oʻzlari. Urchuqlarini pirillatib

Samarqand Katta Enamga oʻxshasa kerak...

Bunga Enamning Samarqandni koʻrmagan boʻlsalar ham Katta Otamning bu shaharda oʻqiganlari, uning har bir gʻoridan tortib, buloqlarigacha, har bir qiridan soyigacha, machit-u madrasasi, avliyolarga liq toʻla qabristonlari, qalandarxonalari, karvonsaroylari, musofirxonalari, ikki arava sigʻmaydigan toru-tang koʻchasi-yu, burimigacha erinmay aytib berganlaridan boʻlsa kerak, Samarqand deyilsa sergak tortadilar. Shahar deyilganda faqat uni tan oladilar. Koʻrmagan boʻlsamda koʻrgandayman, derdilar gap orasida gap kelganda. Hut kirishi bilan qishloqni bir zum osti-ustin qilib, keyin ikki-uch kunlab hurillab turadigan yoqimli shamolni esa Samarqand shamoli deb ataydilar. Shamol tinguncha Enamning gʻayrati, shiddati ichiga sigʻmaydi.

Hut kirdi, joni borga qurt kirdi, deydilar. Oʻzlari uydan chiqolmasalar ham qimirlagan odamni ishga haydab. Yerni mustar qilmanglar. Hech boʻlmasa ketman urib qoʻyinglar, savob boʻladi, savobi katta derdi.

Shamol qancha choʻzilsa dehqonchilik shuncha yaxshi boʻlarmish. Togʻda oʻt-oʻlan, soyda suv serob boʻlarmish. Toʻkinchilik boʻlarmish. Qahatchilik boʻlmasmish. Oy Qorning qorlarini bu yildan bu yilga yetadigan qilib taxlab chiqarmish. Samarqand hayri baraka shahri emish. Uning shamolidayam qut boʻlarmish.

Samarqandni Koʻrish Orzusi

- Mana Sariqbola, sizga dedilar, otam galefe shimlarining oʻng choʻndagidan ikkita yigirma tiyinlik oq tanga va bitta yashil uch soʻmlik va ikkita sariq bir soʻmliklarni olib.
- Bu oʻzingizga. Rasm qalam va daftarlarni pul opachangizda. Kelishgan narsalarimizni olib beradi.
- Ehtiyot boʻl, bolam, dedilar, opamning boʻyinsalari, Toshbiyi amma.
- Juhudlardan ehtiyot boʻl. Oʻzi qora, koʻzi katta boʻlsa juhud boʻladi. Jonuzoqni oʻshalar olib ketgan. Zoʻrgʻa topganmiz, deydilar jiddiy gapni qattiq tayinlagan kishi boʻlib.
- Apangni qoʻlini qoʻyvorma.

Bu gaplarni aytishlariga sabab, oʻgʻillari Samarqandga borganda adashib yoʻqolib qolgan, keyin bir juhud topib olib kelib berganini odamlar unutib, kimdir nimagadir juhudlar yosh bolalarni olib ketib yeydi degan mish-mish tarqatganidan boʻlsa kerak. Men shu gapni otamdan soʻragandim, kim aytsa noma’qulni nonini yebdi, shoʻrliklar oʻzi zoʻrgʻa yurishibdi-ku, dedilar. Shu-shu bu gapga ishonmayman.

Yaxshi oʻqiganim uchun sinfda birinchi boʻlib pionerga oʻtganman. Buni odamlarga bildirish uchun galstugimni taqqandim, opacham boʻynimdan yulib qoʻlimga berdilar.
- Buguncha endi mudarrislik qilmay turing, Mirzoiy deb kenadilar.

Indamay turganimdan jahli chiqib, baqirib ketdi.
- Joyiga qoʻy deyapman, Sariq oshkadi. Endi bir kami bozor kuniyam galstuk taqishing qoluvdi. Yurarkanmanda endi san bilan boʻyinda boʻyinbogʻ, ketda sholvor bilan Samarqandda qoʻl ushlashib.

Shu gaplar bilan Xoʻjatoʻpdan chiqib, Jarkoʻcha oralab Kattasoy yoqasiga, Toshyoʻlga tushdik. Ikki yoqasi jiydaga toʻlib toshgan soyning kun chiqarini Kattatogʻning soyasi qoplagan. Hali tun sharpasi ketmagan. Soya tugaydigan Oʻqotar maydonidan etakni sahar quyoshining osmonga urib qaytgan shu’lasi elas-elas yoritadi. Sharillagan suv qishloq ahvolining sokinligini ta’kidlab turadi. Tanish Ota tegirmonidan chiqqan va Kalta sharrak nomini olgan sharshara ovozi esa uzoq - yaqindagi itlarning hurishi, gʻinshib qoʻyishlarini ham yamlamay yutib yuboradi. Qishloq koʻchasidan chiqishimiz bilan Bozorjoyning yalang maydoni, maydonning bir chetida turgan ikkita avtobus qorasi, ularning qizil chiroqlari koʻzga tashlanadi. Biri katta, biri kichik. Avtobus ketib qolishidan xavotir olib, qichab yuramiz. Avtobuslarning kattarogʻi Toshkentga qantaydi.

Oʻsmat-Samarqand orasiga yuradigan, qatnaydigan sariq pazik qishin yozin bir vaqtda, ertalab oltida Bozorjoydan qoʻzgʻalib, Oʻraydan boshlab Samarqand tomon enadi. Yoʻlma-yoʻl Qoʻngʻirot, Oʻris, Nugʻay yoqalab keyin, Bulungʻurning yil oʻn ikki oy, yigirma toʻrt soat bozori tinmaydigan Oqtepasidan qarzi bordek soʻnggi yoʻlovchi olib, ichida bosh tiqarga joy qolmay, nafasi ichiga tushgancha bir yonga yonboshlab Samarqand tomon oʻrlaydi.

Menga Oʻsmatda avtobus hali boʻshligida tekkan joy - oldingi eshikning shundoq oʻng qoʻlidagi bir kishilik oʻringa oʻtirganimga ming pushaymon yeyman. Haydovchi yonidagi xontaxtadek keladigan joy bir necha marotiba tovuqlarga, necha bor xalta, toʻrvaga toʻldi. Hidiga haydovchi ham chiday olmay tarang qilib odamlarni ikki qur yoppasiga soʻkdi. Ikki marta yoshi kattalarga oʻrin bermoqchi boʻlganimda ustimga yotib olgandek uch-toʻrt kishining ostidan chiqolmasligimni, joyimdan tursam oyoq ostida qolib ketishimni, keyinchalik esa, yoshi kattalar bu oʻringa oʻtira olmasliklarini bilganman. Qarilar avtobusda yonbosh oʻtirishsa boshlari aylanar ekan. Xullas, Samarqandning katta yoʻliga chiqqanimizdan keyin shofer avtobusni toʻxtatdi. Tik turganlarni tushirdi. Avtobus oynasini bekitib kelayotgan lash-lushlarni ega-egasining qoʻl-qoʻliga erinmay ushlatib, yoʻl pulini terib yana yoʻlga tushdi. Koʻz oldimda endi qoplar va buxchalar emas, katta yoʻlda ketayotganimiz bilinardi. Koʻp oʻtmay daryodan oʻtdik. Zarafshonligini yoʻl chetidagi «R.Zarafshan» degan yozuvdan bildim. Keyin oʻzimizning Taypoqsoyga oʻxshash qirlar oralab yurdik. Qir ustiga chiqqanimizda chap tomonda pastlikda koʻk gumbazlar, kitoblarda koʻrganlarim boʻy berdilar.
- Bu Ulugʻbekni haykali, dedi opam. Koʻrishga ulgurib-ulgurmay qoldim. Qoʻlini iyagiga tirab bir haykal turardi. Angniganim shu boʻldi. Keyin, qishloq uylaridan farq qilmaydigan koʻchaga shungʻiy boshladik. Keyingi manzaradan choʻchib ketdim. Avtobus katta qoʻyindi – qabristonni oʻrtasidan goʻristonni ikkiga boʻlib, xuddi endi mayit olib kelgan ulkan tobutdek lapanglab borardi. Nafasim tiqilib qoldi. Shu soz bir maydon yurdik. Qoʻyindi tugashi bilan, avtobus oynasidan chap tomondagi pastlikda ikki qoʻlini osmonga choʻzgancha toʻkilib borayotgan qadimiy katta imoratning qoldiqlari koʻzimga yopishib qoldi.

Men Samarqandni bunday tasavvur qilmagandim. Koʻrish orzuyimdagi Samarqand bunaqa emasdi.

-Bu Bibixonim machiti, dedi basharasi faqat paylardan iborat qop-qora, boʻyi uzun, yoqasini yagʻiri chiqib ketgan oq kastimining koʻkrak choʻntagiga bitta yashil, bitta koʻk, bitta qora ruchkalarni qator qilib terib qoʻygan va har zamonda ularni joyidami deb yoʻlma-yoʻl ushlab kelgan odam.

- Yaqinda Frunze Choʻpon Otadan turib toʻpga tutgan, qoʻshib qoʻyadi, birov soʻramasa ham, huddi toʻpiga oʻq solib turgandek.

Men uning yaqinda deganini besh-oʻn kun narida deb oʻylayman va shunday binoni butunligacha koʻrmay qolganimdan afsuslanaman. Frunzelarni yomon koʻrib qolaman. Choʻpon Ota degani kim, nima, qaerda?

Samarqand haqidagi ikkinchi abad yoqimsiz xotira avtobuslar toʻxtaydigan joy bilan toʻkilayotgan imoratni ulovchi uzundan uzun, beoʻxshov temir koʻpir-koʻprik edi. Ertalabdan koʻprikdan shoshilib oʻtayotgan odamlar oqimi oʻsha toʻkilayotgan imorat tomon borardi, Sariqvoy, -avtobusga men shunday nom berganman, - koʻpirdan uzoq boʻlmagan joyda, oʻziga oʻxshagan sariqvoylar orasidan joy topib toʻxtadi. Odamlar yoppasiga oʻzini eshikka urdi. Oʻsmatliklarning oʻrinlarga yastanib olgani uchun eng oxirida tushishdan boshqa chorasi yoʻq.

Tanishuv

Avtobusdan tushdik. Samarqandning qishlogʻimiznikiga oʻxshash salqin havosi dimoqqa urildi. Biz opachamning dugonasi, qoʻshnimizni Samarqanda katta oʻqishda oʻqiydigan qizi Biypar opani kasalxonada koʻrishga kelgandik.

Opacham qishloqda toʻldirib berishgan sumkani yana bir, qayta boshdan ichidagi narsalarni tartibga keltirdi. Oʻrik qoqi, suzma qurt, qizil va koʻk olmalarni bir biriga qoʻshilib ketgan joyidan olib alohida-alohida gazetalarga oʻrab, yaxshilab taxladi. Qoʻni-qoʻshni bergan narsalar alohida katta sumkaga arang siqqan. Yoʻlga tushdik. Kaptar bozorini oralab, oʻsha baland va beoʻxshov temir koʻprik tomon ketdik. Hayolimda Samarqandga kirish uchun albatta shu koʻprikdan oʻtish kerak, shu koʻprikdan yaxshi oʻtgan odamni Samarqand yaxshi qabul qiladi, degan oʻy bilan qadam qoʻydim.

Oldimda oʻsha qoʻllarini osmonga choʻzgan imorat. Sovuqda qolib uvushgan, keyin qor-yomgʻirda qarliqib qolgan qoʻllarini bir-biriga ishqalab isitishni istayotgan, biroq sovuq zoʻrlik qilib buning uddasidan chiqolmayotgandek turardi.

Ortimda. Qirning labiga qurilgan bir vaqtlar qimmatli boʻlgan va ayni vaqtda uvadasi chiqqan eski sallasining pechi tushib ketgan, pechini koʻtarib qoʻyishga quvvati yetmayotgan keksa mullaga oʻxshagan ayvonli uy. Atrofida odam koʻrinmaydi. Imorat takkursi Lola togʻaning tosh devoriga oʻxshab terilgan devor usti koʻrinadi. Koʻprikning yarimiga yetib borganimizda opachamga yuk ogʻirlik qildi shekilli, toʻxtab dam oldi. Xursand boʻlib ketdim. Shunda men atrofga qarashga ulgurdim. Yigʻlamayman desam ham yigʻladim. Ichimdan bir narsa erib ketib gʻilt etib koʻzimga kelib urildi. Yoshim chiqib ketmasin desam ham chiqib ketdi. Betimni kelgan yoʻlimizga qaratdim. Qarasam haqiqatan ham mazorotni oʻrtasidan kirib kelgan ekanmiz.

Yoshni koʻrib, opacham suroqqa tuta boshladilar.
-Bir joying ogʻriyaptimi?
-Yoʻq.
-Nega yigʻlayapsan?
-Yigʻlamasam ham yigʻlavorayapman.
-Rasm chizging kelayaptimi?
-Yoʻq.

Kun chiqishda mazorotning oʻrtasidagi qadimiy binolar boshlarini yarmigacha chiqarib boʻy berdilar. Koʻprikning shaharga tushish tarafida oʻpirilib tushgan koʻk gumbazlar savzisi qolmagan keraksiz oʻraday ogʻzini ochib turardi. Koʻprikdan toʻgʻri oʻraga tushilayotgandek tuyuldi. Koʻprikdan qoʻrqanidan yigʻlashni ham unutgan goʻdakdek boʻlib tushdim. Yerda ozroq yurgandik, haligi qoʻllari osmonga osilib qolgan binoning oldidan chiqdik. Opachamdan binoni otini soʻradim.
- Men qaerdan bilaman, dedilar, jerkigancha ensalari qotib.
- Ana, devoriga bir narsa deb yozib qoʻyibdiku?
- Koʻp savol berma, boʻlmasa boshqa olib kelmayman.
- Bitta oʻqiy.
- Boya avtobusdagi odam aytdik-u. Borma. Yiqilib ketadi.

Gapga bekatda umalanib yurgan, qoʻlidagi narsa hassaligiyam, uzun supurgiligiyam bilinmaydigan keksa chol qoʻshiladi. Boʻyi uzun, kiyimi oppoq, soqoli ham.

- Bu Temur jom’e masjidi. Bu esa Bibixonim maqbarasi deydi, yoʻlning nariga tarafida faqat oʻpirilib tushgan koʻk gumbazning uchigina koʻrinib turgan, qolgan qismi odamlarning hovlilari ichida qolib ketgan imoratni koʻrsatib.

Qoʻlim bilan Jom’e masjidi koʻrsatib, soʻrayman: buni endi qayta qurib boʻlmaydimi?
-Boʻladi. Nimaga boʻlmas ekan. Faqat egasi qiladi bu ishni. Buyurilgan odam qiladi. Shamolning oʻng kelishiga oz qoldi.
- Oldiga borsa yiqilib ketmaydimi?
- U hech qachon yiqilmaydi.

Opam qoʻlimdan siltab koʻp savol bermasligimni ta’kidlagancha labini burib, yuzini qishloqning eng xunuk kampiri Qoramomoning betiga oʻxshatib, achchigʻi chiqayotganigini bildiradi.

Soat endi sakkiz boʻlganini «Siyabskiy r?nok» deb yozib qoʻyilgan katta darvozaning oʻrtasiga oʻrnatilgan soatdan bilsa boʻlardi. Shu vaqt bozor eshigi oldidagi bekatga bir necha avtobus orqama ketin matashgandek toʻxtadi.

Choldan yana bir narsani soʻrayman deb qayrilib qaragandim, topolmadim.

Oʻzimizning Juhud

Opacham bilan Registonni tomosha qilib, orqa tarafidagi avtobuslar kalla-pocha boʻlib yotadigan tomonga oʻtdik. Roʻparadagi peshonasiga «2500» deb yozilgan magazinga kirib rasm daftar va qalamlar oldik. Keyin yana Registonga qarab yurdik. Shunda opam menga gaz suv olib bermoqchi boʻldi. Budka oldiga kelganimizda huddi Katta hovuzni yoqasida savdo qiladigan rasmchinikiga oʻxshagan suratlarni koʻrib qoldim. Ayniqsa, Shopning rasmlari. Faqat bu yerdagilari judayam katta qilib ishlangan. Endi bir stakan gaz suv ichib boʻlgandimki, budka orqasidan ogʻzi koʻna kalishday tarvayib oʻzimizning juhud koʻrindi. Avvaliga menga boshdan oyoq qarab turdi. Keyin tanib qoldi. Soʻrashgan boʻldi.
- E, e,bachem, kepsizga. Oʻqishga kelganmu?
-Men, Samarqandda Toshbiyi ammamni aytganini qilib koʻp gapirmaslik uchun «ha» degandek bosh irgʻadim.

Rasmchi katta kallasini gaz budkaning tuynigidan tiqib, sotuvchiga bir nimalar dedi. Juhudchaladi.

Tuynukdan bosh koʻrindi. Koʻzlari katta-katta, beti qaro, moʻylovi kolxozni raisinikiga oʻxshagan sotuvchi qaradi. Bildim, buyam juhud.

Menga bosh oyoq qarab, mensimaygina:
- Hamin bachame, dedi.

Sotuvchi stakonni toʻldirib suv berdi.
- Pulini olmogon. Dvoynoy. Menikidan.

Opacham juhudning tanish ekanligi va mehmonnavozlik qilayotganini ayol boʻlsayam tushundi shekilli, e’tiroz bildirmadi.

Gaz suvni ichib koʻrgandim avvalgasidan oʻlsa oʻligi ortiq va shirin edi. Tagida bir tomchiyam qoldirmay koʻtardim. Sotuvchi rasmchiga qaragandi, ensasi qotib, yana bir stakon berdi. Bunisi beta’m chiqdi. Xuddi oʻzimiz sotib olgandek. Bir hoʻplab tuynuk oldiga qoʻydim. Oʻzimizni juhud soʻmkadagi daftar va qalamlarni koʻrib, rasm solib berishimni soʻradi. Rasm chizishimni qishloqda koʻp odam soʻragan. Lekin, Samarqandda hech kim. Yangi rasm daftarlardan birini ochib, qora qalamda juhudning yolgʻondan tirjayib turgan suratini chizdim. Bilaman, nima uchun u mendan surat soʻrayapti. Odatda men bir rasmni chizganimda unga tikka qarasangiz boshqa, yonboshdan qarasangiz boshqa rasm boʻladi. Shuni u biladi. Kattatogʻ rasmimga tikka qarasangiz togʻ, yonbosh qarasangiz Mulla Oqmirza boboning tahoratdan keyin, sallasini tuzatayotgan paytini koʻrasiz.

Rangi qalamlar ochilmaganligi va vaqtimiz yoʻqligi uchun oʻsha varaqni yirtib berib, koʻchaning narigi betidagi shashliklarni tutuni chiqib yotgan, karavatlar qoʻyilgan, samovorlar qaynayotgan choyxona tomon ketdik. Rasmchi rasmni tuynukdan kiritib, sotuvchiga berdi. Zum oʻtmay ortimizdan chopib kelib: kvartira kerak boshad, maniki shu budkadan topasan. Maniki hamesh shunga, dedi.

Rasmchi rasmni yonbosh qilib ham koʻrgan shekilli. Yonbosh koʻrganda uchta kasratki bir biriga qarab turardi. Ikkita kattasi haqi ketgandek boʻzarib, bitta kichkinasi qotirdimmi degandek, tirjayib.

Biz opacham bilan shashlik yemoqchi edik. Toʻrt dona shashlik, non, choyni tatronday qaro, kiyimlari xuddi loʻlilarni eslatuvchi xotin olib keldi. Bitta shashlikni yeb qoʻygandim, opacham: odam baribir shashlikka toʻymaydi, non qoʻshib yesang toʻyish mumkin dedilar. Keyin non qoʻshib yedim. Toʻymadim. Qora xotin hech kimdan soʻramay yana toʻrt shashlikni oldimizga qoʻydi. Opacham shashlik buyurmaganini bildirmoqchi boʻlgandi, shartta bittasini olib yeb qoʻydim. Bir soʻmlik sariq pulni xonataxtaga tashladim.

Samarqanddagi Oʻgʻrilik

Oradan ancha yillar oʻtib bilganim va hali koʻprik ustida pechi tushib ketgan keksa mulladek koʻringan, qirning labiga ilinib turgan imorat Samarqandda qurilgan birinchi machit, Xoʻjai Xizr edi. Birinchi oʻgʻrilikni shu machit ostonasida qilganman. Opacham bilan Enam tayinlagan, Registonni roʻparasida otajamimiz qurdirgan machitni oʻz koʻzim bilan koʻrganimiz, Registonda boʻlganimiz, Temur Boboni ziyorat qilganimiz, magazinlarni aylanganimizdan keyin tiqilinch bir avtobus shahar ichidan bizni yana oʻsha koʻprikka ulanib ketgan katta maydonga olib kelib tushirdi. Endi faqat yoʻlning bu betiga. Qir labiga ilingan imoratning ostiga.

Bu avtobus qishloq avtobusidan kattaroq va haydovchi yonida xontaxta emas, uzun oq truba tortilgan edi. Men shu trubani mahkam ushlagancha kelardim. Eshik ochilishi bilan yonimda turgan ikki kishi qoʻlimga besh tiyinlik tangalarni berib tapur-tupir tushib ketishdi. Men shoshib qoldim. Opacham oʻrnidan turib kelguncha va biz birga tushganimizcha yana besh olti odam ustimdan oshirib haydovchining oldiga qoʻyilgan katta rezinka tavoqqa tanga tashlab tushib ketishdi. Men tangalarni haydovchiga berishim kerakligini bilardim. Lekin, qoʻlimdagi tangalar ichida oʻzimning ikkita yigirma tiyinlik tangalarim ham bor edi. Tangalarni berayotganimda manikilarniyam ber desa nima deyman? Nima qilishimni bilmay qoldim. Opamga aytaman degunimcha, u qoʻlimdan ushlab pastga sudradi. Shunda qoradan qora betini tirishtirib, ogʻzi toʻla tilla tishini koʻrsatgancha haydovchi opachamga imo qilib, menda yoʻl haqlari borligini bildirdi. Ochaman desam qoʻlim ochilmaydi. Opacham qoʻlimni ikki qoʻllab ochdi. Ikkita sariq besh tiyinlik va ikkita yigirma tiyinlik turardi. Ilkisdan betimga tars etib shapaloq tushdi. Tangalar sochilib ketdi. Keyin terib shoferga uzatdi. Men bir muddat karaxt boʻlib qoldim. Tannoz loʻlining holati koʻzim oʻngida lap etib koʻrindi. Oyogʻimning uchidan vijillab kelgan bir narsa ogʻzimdan baqiriq boʻlib chiqdi. Toʻgʻri, avvaliga tovushim chiqdami. Chiqmayotganligini bilib yanayam baland baqiruvdim. Chiqdi.

Jon holatda: ikkita yigirma tiyin oʻzimniki, degancha baqirdim.

Haydovchi toʻgʻri degandek, tangalarimni qaytarib berdi. Enam chiybaxmaldan tikib bergan sholvorimni choʻntagi yoʻq. Tangalarni endi oʻng qoʻlimda mahkam siqimladim. Yigʻlamayman desam ham yigʻlayverdim. Odamlar, Samarqand meni oʻgʻri bola ekan deb oʻylamasliklari uchun ovozimni boricha yigʻlab baqirardim.

-Men oʻgʻrilik qilganim yoʻq. Odamlarni oʻzi berdi. Endi beraman deb turgandim.

Shunda bir kampir avtobusdan men tenggi nevarasi boʻlsa kerak, qizcha himosida tushdi. Koʻz yoshlarim orasidan kampiring Enamnikiga oʻxshagan oq qarsi va undagi katta-katta qizgʻish gullari koʻzimga choʻgʻdek koʻrinib ketdi. Enamni koʻrgandek boʻldim. Qizcha ham pastga tushgach qoʻlidagi tugun va hassasini bergandi, olmadi. Kampir opachamni oldiga keldi. Kelganini kovushidan bildim. Men yuzimni koʻtara olmasdim. Yerga qarab turardim. Nazarimda hamma menga tikilgan, oʻgʻri bolani qaranglar deyayotgandek edi. Kelib dashnom berdi.

- Er balani bunaqa qilmaydilar.Sadqayi apa ket. Yigitni betiga urib imoningni kuydirdingku. Balaniyam betiga uradimi?

Keyin gulli kamzulini tugmasini yechib, nimchasi-kaltachasining choʻntagidan bir siqim tangani oldida haydovchining betiga otib yubordi. Tushib ketgan qarsini uchini yelkasi osha siltab tashladi. Hassasini qoʻliga oldi.
- Ma, ol. Sanga sadaqa. Man oʻlmay turaman. Eshakday boʻlib qilgan ishingni qara. Uyingda xotingga gaping oʻtmaydi-yu, karillashingni qara. Begunoh balani koʻnglini ogʻritgacha ayollarni xaltasiga oʻgʻrilik qilganing avli edi. Oʻgʻri bunaqa yigʻlamaydi. Balani qaqshatding, qaqshamay qolmaysan. Betingni murdashuy yuvsin.
- E,e nima qilopsiz, momo. Maniki davlatga pul topshirish kerak.
- Momo dema-e imonsiz. Davlatinggayam oʻt tushsin kuni sandaylarga qolgan boʻlsa. Balaniyam shashtini qaytarasanmi. Olgan boʻlsa nima qipti? Bolaning oʻgʻrisi boʻlmaydi... goyda shunday-shunday boʻladi. Zoʻr boʻlsa kattangga sal kam berasan. Tur nari, bor. Bolaniyam qoʻrqitib yubording. Enang balamlasin, sani.

Haydovchi pussayib qoldi. Meni yosh bola bilib tanga berib yupatmoqchi boʻldi. Olmadim. Baqirmasligimni, yigʻlamasligimni soʻradi.

- Mana oʻzimni pulim bor. Otam bergan. Rasm qalam olasan deganlar. Davlatni pulini nima qilaman dedim, ovozim qaltirab, oyogʻim qiyshayib ketayotganidan zoʻrgʻa oʻzimni tutib. Haydovchi nima qilarini bilmasdi. Birov soʻramagan boʻlsada, kampir turgan tomonga qarab: maniki unaqachanggi xotungga javobini biygon, degancha taysallab qoldi.

Keyin notanish bir odam oldimga keldi-yu, gap topolmadi shekilli, orqasiga qaytdi. Yer bitta boʻlib oq tangalar sochilib yotardi. Bari oʻn tiyinlik. Xuddi enam yigʻadigan tangalardek. Enam bu tangalarni toʻyga yigʻayapman deydilar. Kimni toʻyiga desam, keyin aytaman deganlar.

Men hamon yerga qaragancha dagʻ-dagʻ titrab, ich-ichimdan yigʻlardim. Avtobusdan tushgan odamlarning oyoq kiyimlari atrofimni oʻrab olgandi. Ularning betiga qarashga uyalardim. Xayolimda hamma meni-oʻgʻri bolani yopatmoqchi, ovutmoqchi boʻlishardi. Rahmi kelardi. Meni yosh bola hisoblashardi. Bir yelkamga qoʻlini qoʻyar, biri boshimni silardi. Shunda men Samarqand odamlari yaxshi odamlar ekanligini bildim.

Oradan ancha yillar oʻtib unga oyogʻi tekkan, suvini ichgan odam ham Samarqandning bir zarrasiga aylanishini, unga oʻxshab qolishini his etdim. Samarqandni nonini yegan uningdek shavqatli, suvini ichgan uningdek sokin boʻlishdan boshqa iloji yoʻqligini ming bor koʻrdim. Faqat hammayam, hammasiyam emas... keyinchalik faqat sogʻinch va rahmda ta’ma boʻlmasligini his etganman.

Sahar bekatdagi oʻsha uzun boʻyli, oq kiyimli va oq soqolli chol qoʻlimdan ushlab yoʻl chetiga olib chiqdi. Ayvonli imoratga chiqadigan zinaga oʻtkazib qoʻydi.

Koʻzlarim yigʻidan hishib ketgan. Hech nima koʻrinmas, opacham ham oldimga kelib bir narsa deyishga hayiqardi. Zinadan turdim. Yuqorilab bordim. Ayvonli imorat oldidan chiqdim. Koʻz oʻngimda sanoqsiz koʻk gumbazlar yana namoyon boʻldi. Samarqandni yana tomosha qilaylik deganimda opacham toʻgʻri aytgan ekan. Samarqandni hamma joyini koʻrib chiqishga bir yil ham yetmas ekan. Yoʻqotib qoʻygan narsasini topgan odamdek suyinib ketdim. Koʻprikka qaradim. Endi odamlar undan sahardagi oqimlariga teskari yurib kelishardi. Nazarimda ular imtihon topshirib qaytib uylariga ketishayotgandek edi.

Bir maydon shu tepalikdan shaharni tomosha qildim. Keyin, keyin albatta bu yerga kelishga, oʻzim yakka kelishga, oʻgʻri deb oʻylagan odamlarga kimligimni hali koʻrsatib qoʻyishga, oʻgʻri bola emasligimni isbotlashga oʻzimga oʻzim soʻz berib ena boshladim. Shunda chap qoʻlim qalamlarga toʻla ekanligi bildim. Buni oʻsha meni oʻrab olgan odamlar yoki qoʻlimdan tutgan chol bergan boʻlsa kerak. Odatimga koʻra darrov koʻrgan narsamga ot qoʻydim. Cholni Samarqand Ota deb atagim keldi. Samarqand Otani odamlar orasidan izladim. Topolmadim. Oʻzim yigʻlab, oʻzim yupandim.

Men Samarqanddan yerga qarab turib ham odamlar nima ish qilayotganini koʻradigan, yuzlariga qaramay gapiradigan gaplaridan royishlarini, tovushidan niyatlarini, kitoblarni betiga qarab oʻqishga arziydigan yoki arzimaydiganini biladigan boʻlib qaytdim... bu Samarqand Otaning menga bergan birinchi darsi, ne’mati, sovgʻasi ekanligini oradan ancha vaqt oʻtgach angladim.

Sariqvoy endi oʻrnidan qoʻzgʻalgan ekan bir amallab sigʻishdik. Orqamni ikki tomonga bukilib ochilib - yopiladigan eshik qisib qoldi. Ogʻriqni odamlarga bildirmadim. Bilishganda yengillasharmidi.

Samarqand Haqida Qoʻshiq

Men endi Samarqandni rasmini chizaman! Menga endi rangli qalamlarni keragi yoʻq. Men Samarqandni rasmini Kampirdevolning uvodasi chiqqan kesaklari bilan ham chiza olaman. Istasam Oy Qorning rasm daftar varagʻiga oʻxshagan qorlariga, istasam Taypoq Soy dalasiga, koʻngilimga yoqsa Qorovul Tepa suv omborining betiga, istasam osmonni bir chetiga, yoʻq, qoq oʻrtasiga chizib qoʻyishim mumkin. Menga alam qilgan. Menga koʻp narsa alam qilgan. Va bu rasmlar eng chiroyli rasmlar boʻladi. Ayniqsa qoʻllari osmonga choʻzilib, qayta tiklanishiga mustar-u, ilhaq boʻlgan, qayta tiklaydigan egasini toʻrt koʻzi bilan kutayotgan Temur jom’e masjidi rasmini chizaman. Birinchi boʻlib Enamga koʻrsataman. Ena, mana Samarqand deyman. Ena, men Samarqandni sizga oʻxshatardim deyman. Sizgayam oʻxshab ketarkan-u biroq, koʻrganda, otidan odam qoʻrqadigan prokuror ham, qornini doʻmpogʻligi egiz qoʻzilaydigan kelinchaklarnikiga oʻxshaydigan, moshinidan tushib kelib salom beradigan melisalarning kattasiyam, raykom ham ogʻziga qarab nima der ekanlar deb turadigan soqollari oppoq Mulla Oqmirza boboga oʻxshar ekan deyman. Yoʻq, bunday desam xafa boʻladilar. Yarmi Sizga, yarmi Oqmirza boboga oʻxshar ekan deyman. Ha, shunday deyman.

Keyin, keyin otamga katta boʻlsam Samarqanda oʻqishga yuboring deyman.

Ana u. Men chizadigan imorat. Uni kechasi qorongʻuda ham, koʻzimni yumib turib chiza olaman. Otam toʻgʻri aytgan ekanlar. Samarqandni koʻrish uchun toqqa chiqish shart emas ekan.

Davlatni tangalarini qoʻlimga ushlaganim va avtobuschi soʻraganda qoʻlimdan chiqqanligi uchun oʻgʻriliklarim sonini ikkitaga tushira olmayman.

Endi chizganlarimni opachamga koʻrsatmayman. Rasmimni chizib ber devdi. Endi chizmayman. Chizib boʻpman. Kimga chizdirsa chizdirsin. Ular qishloqliklarni rasmini chizolmaydi. Koʻp koʻrganman. Chizgan rasmi sovuq boʻladi. Non uchun chizilgan rasmda istara, yozilgan yozigʻida nafas boʻlmasmish. Yozigʻ – chizigʻni ichida ichi borlarga chiqarganmish. Oʻynab qilinmagan ish ish emasmish. Enam aytgan. Ular oʻziga oʻxshatib qoʻyadi. Qoshini qalin, koʻzini bejo qilib. Turkqishloqliklar unaqa boʻlmaydi. Ajab boʻpti. Qishloqning hamma odamini, qutirgan itini, qoʻtir eshaginiyam rasmini oʻynab-oʻynab chizaman. Lekin, opachamni rasmini chizmayman. U meni oʻgʻri emasligimga ishonmadi. Meni koʻpni ichida oʻgʻri qildi.

Urganini otamga aytsammi, aytmasammikan?

Samarqandda shashlik yeganimni joʻralarimga aytib maqtanmoqchi edim. Shashlikniyam zahar qildi.

Muzlagan Quyosh

Oq Toshdan koʻtarilgan kun avval Katta Togʻni, keyin uning bolasi Oy Qorning yelkasi-yu, Boʻronqoʻnish oʻngiriga tegib qorlarini eritadi. Bir qavati qoru-muz, bir qavati chang-u toʻzonlardan naqd paxsa devordek pishib qolgan qatlamlar, kurtinglar orasidan tomchilab chiqqan sizotlardan jilgʻalar boshlanadi. Jilgʻalarni sanashni imkoni yoʻq. Balki yuz, balki mingta. Son-sanoqsiz jilgʻalar erta hayitga chiqayotgan qizaloqlardek chuldirashib pastga enishadi.

Yoʻlda sokin va ayni vaqtda pishqirib qaynab chiqayotgan buloqlarga qoʻl berishib, yanada shiddat bilan Vadiganga yetib kelishadi. Vadiganda topishishgan ming bir jilgʻa va yangidan koʻz ochgan, eskidan oʻrni tayin katta buloqlarning suvi Novus Tepa ostiga yetganda ikkiga boʻlinadi. Qor va muz, buloq suvlari endi qoʻshilishganda yana ajralishadi.

Toʻgʻri, ular yana qoʻshilishadi. Sal keyinroq. Qorasovuq, Barlos, Uyas, Tangatopdi, Turkman, Misr va yana bir qancha qishloqlarning hovli-yu, chorbogʻlarini oralab oʻtib bir qismi avval Sanglohda. Keyin toʻrtkoʻz tugal boʻlib Sangzorda uchrashishadi. Sangzorda uchrashguncha necha bor yoʻllari toʻsilishini, necha marotiba toza-notoza joylarda oʻtishlarini bilishmaydi.

Soʻnggi shoʻxliklar Sangzor boʻylab bir oz davom etadida, suvning shoʻxligidan asar ham qolmaydi. Katta va hech qachon toʻlmaydigan teshik qanordek shalpayib, ogʻzi hamisha karrakday ochilib turadigan suv omboriga quyilishi bilan atrofga ayuhannos solgan daradagi Vadigandan ham, qishloqlar oralab yalpiz bosgan ariqlarni yuzini silab, baliqni ogʻzidan tushgandek tiniq qizlarning bet-koʻzlarini oʻpib tushgan shalola, goʻdakning koʻr choʻchogʻi-dingilidan gʻoʻddayib tushgan tomchi, qoʻynida choʻmilgan chiroyli kelinchakning iyaklaridan oqib tik boʻyini yalab-yulqab tushgan sizgʻi, bagʻrida turkona toʻlgʻongan shumgoʻzalni paqqos quchoqlaganda esi ogʻib terga botgan tosh hovuzdanda, tolzorlararo pildirab, chuldirab oʻtayotganda sevishganlar sirini eshitib, sir bilib, ahli asror boʻlib sokin tortgan hamogʻushsuvdan ham, peshonasini Joʻn Ariqning oʻrtasidagi toshga urib olganda sachrab, oʻt-oʻlanlar bargiga osilgan chiqsuvdan ham, endi tandirdan chiqqan choʻgʻdek kulchalar betiga otilganda shoshganidan qaynashiniyam, boshqaniyam bilmay bir «puf» deb qoʻyib, bolakaylarga kulgu boʻlgan hovliariq oqizigʻidan, tegirmonlarni toshini aylantirgan hisobsiz qudratidan ham, keyinchalik guvillagan Sangloq va birda yoyilib taltaygan, birda tor jardan karillab oʻtgan Sangzordan ham asar qolmaydi.

Kuppa-kunduz suvga koʻylagi bilan oʻzini soyning xilvatiga tashlagan sodda Turkqishloq qizlarining jonni kiprik uchiga olib kelib qoʻyadigan husni-jamoli, birov koʻrmadimikan degancha kiyik qiliq qilib atrofga giryon qarayotganligini tomosha qilayotganda tizzasiniyam koʻrolmasdan, badanlarga jippa yopishib qolgan koʻylaklarning kuyiga chidolmagan Quyoshning alamdan Oy betini yulib olgani qoladi. Oyning betidagi dogʻlar shundan deyishadi. Boʻyini boʻy qizlar boʻyiga boʻylab koʻrgan Quyosh qizargandan kuyib ketdi. Oy chiroyini suv betida yonma-yon solishtirib koʻrgan kunni ertasidan boshlab kunduzlari koʻrinmaydi.

Koʻylaklarni koʻyi ogʻir. Koʻylaklar jiqqa hoʻl boʻlmagan vaqtlar beqiliq xushtorday oʻzicha qizlarning bir gʻuchchasiga tegib, bir quymichni quchib yurgandi. Jippa yopishganda qiyin boʻladi. Avval, peshonasi - ikki koʻkrak orasi sergib qurib qoladi. Keyin bor-boʻy issiq bor-budini kuydiradi, tanadan chiqayotgan oq nurlar, shu’ur rangini oladi. Shundan rangi ham oʻchadi. Koʻylakning koʻyi lak-lak boʻladi. Birovga aytguligi yoʻq..

Bilmaganlar «Ux» deydi, bilganlar «Xu» deydi.

Iroqi doʻppini egilganda tushib ketmasin deb yaltiroq simchalar bilan sochlariga qadashgan, bir-birlarining sochlarini ikkita-ikkita qilib oʻrishib va parparak yoqali koʻylaklari tus qurigandan keyin qizlarni soyda koʻrsang ham, qirda koʻrsang ham joning dovuchchadek toʻkilib ketadi. Yo ikki oʻram sochning orasiga osilib qoladi. Istasang ham istamasang ham. Bir qaragan, koʻzing tushgan boʻlsa boʻldi. Uying qaerda ekanligi esingdan chiqib ketadi. Dardi bedavoga yoʻliqasan.

Yoyilma qishlogʻi ustida oʻz holiga oʻzi hayron, biltanglab, mijjayu-marzasini shoʻr bosib yotgan suv ombori koʻzlarini olislarda yaltirab koʻrinayotgan choʻqqilardagi qorlarga qadaydi. Xoʻrsinadi. Xoʻrsinishidan bugʻ chiqadi. Yuksak choʻqqilarda boʻlgan vaqtlari esidan chiqib ketadi. Yaltirab koʻrinayotgan narsa nima ekanligiga qayta-qayta qaraydi. Ogʻirdan ogʻir xoʻrsinadi. Oʻzini kimligini unutib qoʻyadi. Qattiq qish kelib, kimligini tars unutganda koʻzini gʻippa muz qoplaydi...

Topdim. Men Samarqandni shunday chizaman. Qahraton sovuqda qolib koʻkarishi esidan chiqib qolgan daraxt koʻrinishidagi Samarqandni, muzlar qurshovida qolgan minoralarni chizaman. Muzning bir burchagini sal eriyotgan, erib borayotgan holatda chizaman. Registondagi quyoshga oʻxshatib chizaman. Koʻzi bor, zulpagi bor. Bu rasm hech kimnikiga oʻxshamaydi. rasmchigayam rosa alam qilsa kerak. Opachamgayam. Ajab boʻpti. Battar boʻlsin.

Qish kelsin. Qishloqning Kattahovuziga Samarqandni rasmini chizib hammani hayron qoldiraman. Minoralari-qoʻllarini hovuz boʻyidagi baland-baland tollarga boplab ulab yuboraman. Koʻklam kelsa tollar barg chiqaradi. Shunda koʻrasiz.

Talabalar

Loʻlilar ketishi bilan, kunlar isib, qovun palaklariga chumchuqlar panalaydigan, yanayam aniqrogʻi tosh devorlargayam tappi yopsa boʻladigan vaqtda har yili kanda qilmay qishloqni bir toʻda talabalar bir erkak, bir ayol oʻqituvchisi-olim bilan egallaydi. Toshkentdan kelishadi. Katta oʻqish - institutdan. Gap terishadi. Qishloqning oʻziga xos gaplarini daftarlariga yozib olishadi. Birortasi kelin tushirib qolsa-ku, berdi xudo. Kelin salomniyam rasvosini chiqarib, qayta-qayta ayttirishadi. Yangalar ham aytadiganidan adashib, birda qayinsingil, birda qayinuka, birda buyinsingilga salom berishni unitib, qishloqqa ermakka yana bir oylik janjal chiqarishadi.

Qishloqdan gap teramiz deb, qartaygan chol-u, munkaygan kampirlarni oldiga toʻdalanib borishadi. Buncha begona odamni dab-durustdan ustiga bostirib kelganini koʻrgan chol-kampirlarni ogʻzidagi gapiyam tushib ketadi. Tashvishlarini oʻrishi nima, arqogʻi nimaligini anglagan borki bu ishlarni falonchi kampirdan oʻtkazib aytish qiyin deydi. Falonchi kampir degani mening Katta Enam.

Birda talabalar erkak oʻqituvilari bilan birga beshtasi Enamni oldiga kelishgan. Bir osh pishar vaqt oʻtirishgan. Biri toshkentlik, biri shaxrisabz, biri andijon, biri fargʻona, biri termizlik qizlarni Enamga koʻzlarini katta-katta ochib, hayratlanib qarab turishlarini koʻrib, ichim shuvullab ketdi. Qoʻrqdim. Koʻzlari tegmasaydi. Enam ularni qaerdan ekanligini surishtirganda, men eshitib turdim. Urugʻini soʻragandi koʻpi aytolmadi. Bundan astoyidil xafa boʻldilar.
- Bu yaxshi emas, ena jamni bilish farz, ota jamni bilish qarz dedilar, oʻzlariga oʻzlari.
- Ena, biz odamlarni urugʻlarini emas, shevalardagi oʻziga xos, jonli soʻzlarni yigʻamiz. Urugʻchilik davri oʻtib ketgan, dedi sumangi itdek oriq va bir joyda turolmaydigan, tinmay qilpillaydigan oʻqituvchi.
- Taraddingku yaxshi, lekin qilayotgan ishing podayotoqda koʻzga chiroyli koʻringan tezakni bir chekkadan hoʻli-quruq terishga oʻxshaydi. Tezakniyam toza-notozasi boʻladi. Qumaloq, qiy nima, tezak, tappi, chalma, goʻngu-nuri nimaligini bilmaysan-u, yana til bilan oʻynashasanmi? Tigʻ bilan oʻynashsayam, til bilan oʻynashmaydilar.

- Sen bilan bugun enangni tilida gaplashaman. Keyingi safar boshqa tilda boʻladi. Koʻkayingda yoʻq, dilingga solinmagan ish toʻgʻrisida gapirish odamni eshaklikka yaqinlashtiradi degan burungʻi mashoyixlar kitobida, dedilar, mijjalari qilt etmay, dab-durustdan.
- Sanga bu gaplar yozilgan kitoblarni oʻqish nasib etadimi yoʻqmi bilmadimu, har holda shu qishloqqa yetibsan, shuni oʻzi katta gap. Shu elda tugʻilganing oʻzi bir xilsat. Haq gapdan haqdan xabarsizlar xafa boʻladilar.

Sen bola avval koʻngling bilan ishingni toʻgʻirla. Birovini past urib, birovini koʻtarib elni malamijir ishlarga qoʻzgʻatma. Oʻtgan yili qilib ketgan ishingni aytayapman. Nimaligini bilmay choʻqilgan yemish tomoqni yirtadi.

Enam oʻziga baqrayib qarab turgan, kim bilan gaplashayotganini haliyam anglamayotgan oʻqituvchining yuziga tushundingmi degandek qaradilar.

Oʻqituvchi mulzam tortadi.
- Sandan soʻryapman. Yer chizgan doʻstdan koʻzga qaragan dushman pesh.

Oʻqituvchi qizlarni oldida yer bilan bitta boʻlib zoʻrgʻa ha deya oladi.
- Endi eshit. Sen aytayotgan shevani koʻchada koʻringanni toʻxtatib yozib olding ham deylik. Bu gaplarni kim ishlatadi deb yozasan? Dadarvaqi ishlatadi deysanmi? Falon qishloq ishlatadi deysanmi? Qishloqning xudo bergan tili nechovlini bilasanmi? Gapirgan odamlarni ota-onasi, tayin-tuturugʻi yoʻqmi? Falon gapni falon urugʻ bunday ishlatadi, bunisi bunday deb yozsang haqing ketadimi? Bilsang bola, san qidirib yurgan gap-soʻzlar oʻsha elning eng qimmat narsasi. Qalbi. El bugun bu yerda, erta boshqa joyda boʻlishi mumkin. Qrim tatarlarning koʻrguligini koʻrmayapsanmi? Elni bori-yoʻgʻi, ori-yu, ortidagi soyasiyam tili. Shuni tushunmasang bu ishingni qoʻy. Til bilan oʻynashma. Tek yur. Lafz bilan oʻynashganning holi ogʻir boʻladi. Boʻyningga olibsanmi jon botin qil. Yozsang toʻgʻri yoz. Boʻlmasa ozning koʻpiga oʻxshab hovlingga rayhoningni ekib, hidini hidlab, dordagi lozimni pirpirashiga mast boʻlib yurganing ma’qul.

Koʻngling bilan ishingni bir qilmas ekansan, qaytib oldimga kelma. Xotinlarni xolasi, qizlarni dugonasi boʻlmay bu qizlar bilan shiypanga tiqilmay odamlarni uyiga joylashtir. Oʻshanda ota-onasiyam tinch boʻlishadi. Oʻqishiniyam qiladi. Mani otimdan raisga aytib qoʻy. Endi bor. Qizlar ovqat yeganlaridan keyin ketadi... uydan quriq ogʻiz chiqma, ana, ayvonda dasturxon bor. Oʻtir. Mardning ovqatiga nomardni koʻzi tushmasin, degancha koʻnglini koʻtargan ham boʻldilar.

Aslida, bechorani itdan behurmat qildilar. Bilamanki, birovni koʻpni oldida bekorga izza qilmaydilar. Gapirmaydilar. Oʻzidan oʻtdi. Lekin, nimasidir ma’qul koʻringan boʻlishi kerak. Enasi semizgap, kattaogʻiz, man-man ekan deb oʻylamang. Oʻqituvchini jini suymaganidan qattiq gapirgani yoʻq. Yoqmagan odam bilan gaplashmay qoʻya qoladi. Vassalom. Olimni odam boʻlsin dab urishdilar. Ikkovi bir kun til topishadi. Sezayapman.

Menga shu toshkentlik, shaxrisabzlik degan qizlar juda yoqdida. Toshkentlikning bilagidan zoʻr hid kelarkan. Meni erkalamoqchi boʻlganda bilib qoldim. Shaxrisabzlik uzunbuy va oppoq ekan. Sochlari taqimiga tushadi. Enamning ertaklaridagi malikalarga oʻxshaydi. Toʻgʻrisini aytsam qaysisiga qarasangiz oʻshanisini yaxshi koʻrib qolasiz. Studentlar chatogʻ boʻlarkan. Koʻzingiz koʻziga tushsa bir koʻz qisib bir qosh qoqadi. Shoshgandan nafas tiqilib qoladi. Bekoriga ular turadigan shiypon oldi buzilgan ari inidek guj boʻlmaydiyov. Boʻz yigitlarku mayli, chilladagi kuyovlarga balo bormi? Oxiri baxayr boʻlsin.

Talabalar har kuni tushga yaqin Kattahovuz boʻyiga yigʻilishadi. Muallimlari dars oʻtgan boʻladi. Ular eshitishgan. Shunday kunlarni birida toshkentlik imlaydi. Yoniga olib boshimni biqiniga bosadi. Uyalib ketaman. Yaxshiyam hech kim koʻrmagan boʻladi. Oqdan ham oq bilagidan kelayotgan atir hidi betim va boʻynimga oʻtib qoladi. Birgalishib dars tinglaymiz. Domla kuyib pishib dars oʻtadi.

-Ape, apa degani qadimiy turkiy xalqlarda xosildorlik, xayri baraka ma’budasiga aytilgan. Ape deyilganda muqaddas ona, chaqaloq koʻtargan ayol tushunilgan, deydi. Bu nom bugungi kunda ham koʻplab qishloqlarimizda saqlanib qolgan. Ba’zi joylarda apa, ba’zi yerlarda ape, ba’zi hududlarda opa deyiladi.

- Sapiyaxon, aytingchi, Toshkentda tuqqan onasini nima deyishadi?
- Opa.

- Mana. Oddiy misol. Ape bugungi kunda opa, apa formasiga kirgan. Tildagi singarmonizm qoidalariga koʻra ba’zi soʻzlarda tovush oʻzgarishga uchragan. Masalan, «ota» soʻzi, Toshkentda «ada» deyiladi. Ma’lumki «t» va «d» bitta tovush. Ba’zi joylardagi «ata» deyilishi bilan «ada» deyilishi bir. Bu bizning tariximiz ming ming yillar bilan boʻylashishini koʻrsatadi. Ayniqsa, joylarga nom berish san’ati qadimiy turkiy xalqlarda san’at darajasiga koʻtarilgan. Aytaylik, chuqur jar oralab oqadigan katta suvni Tuya tortar deb atalishiga e’tibor bering. Bu tuyani ham tortib ketadigan suv, joy degani. Yoki, Avliyoota, Jartepa, Turkariq, Tikonlik Mozor toponimlarini olaylik. Birinchisi shaxs nomi bilan bogʻliq boʻlib, el udumlariga koʻra shaxs nomini joyga bermaslik nuqtaiy nazaridan, e’zozlik kishining nomi atayin yashiringan. Yerni oʻz oti oʻzi bilan deyilgan qoidaga rioya etilgan. Ikkinchi holatda gidrotoponim, uchinchi holatda etnotoponim, toʻrtinchi holatda biotoponim degan boʻlardim. Ularda shu xususiyatlar yaqqol koʻrinadi va nomlar Toshkentning qaerida aytilishidan qat’iy nazar aynan oʻsha joy tasavvurda tiklanadi. E’tiborligi ushbu toponimlar shu qishloq va uning atrofida ham bor. Bu manbalarni oʻrganishni imkoni boricha bu yerda, qaytgandan keyin Toshkentda davom ettiramiz. Endi ikkitadan assimlatsiya, ikkitadan dessimlatsiyaga uchragan soʻz topasizlar. Keyin xuddi Enamdek, «endi boringlar», deb amr qildi... Meni koʻrmagangan olib yuribdi...

...Keyingi safar boshqa tilda boʻlgan gaplarini yozsam bir kitob boʻladi. Hamma gap esimda. Hatto Enamning qaysi gapni baland ovozda qaysisini eshitilar-eshitilmas aytganicha. Har bir gaplarini besh betdan tushintirish kerak. Keyingi gaplarga Enamning Enasoy qoʻshigʻini yetti jonbotin joʻra bir boʻlib qaerga chiqib, qaysi yulduzga qarab, qachon aytsa nima boʻlishini qoʻshib aytmasam boʻlmaydi.

Rasmchi

Rasmchi avtobusdan katta toʻrvasini koʻtarib tushishi bilan Mardonga roʻpara boʻladi. Mardon uni qishloq hovuzigacha oldiga solib keladi. Tentakning gaplariga rasmchi e’tibor bermaydi. Bir marta gapirib boshi baloga qolgan. Qora qoniga botirib, oʻlasi qilib urgan. Oʻshanda oʻzi ayb rasmchidan oʻtgan. Mardon unga qoʻshilib yonma-yon kelayotgan boʻlgan. Rasmlaringni koʻray degan. U rasmlaridan bergan. Oʻzi bu rasmchining rasmlari qiziq. Na qoʻlda chizilganga oʻxshaydi, na suratga olinganga. Suratga olingan rasmlarni ustidan moyboʻyoq bilan boʻyab, keyin orqasiga Samarqandni rasmini bir balo qilib yamab, yana ustidan klenka tortib almoiy rasm ishlaydi. Na rassom, na suratchi. Yana unga oʻzi tik turadigan ramka qilganiga oʻlasanmi? Ramkani tutamlab, shunisi tekin deydi. Eng qizigʻi chol-u -kampirlarni qosh-koʻzlariga qaro tortib, labiga qizil surtib qoʻyadi. Kampirlar u dunyo, bu dunyo bu rasmni birovga koʻrsata olmaydi. Chollar qoʻliga olishi bilan bir chetga olib borib, fotiha oʻqib yoqib yuborishadi. Nevaralari koʻrsa nima deydi?

Oʻshanda bir dasta rasmni qoʻlida ushlagan Mardon buning oʻxshabdi, buning oʻxshamabdi degan. Rasmdagilarni barchasini tanishini bilib qolgan rasmchi unga oʻttiz chogʻli rasmlarni egalariga tarqatishni buyurgandek boʻlgan. Mardonning nafasi ichiga tushib gapirmay qolganligini rozilik bilib, agar tarqatib chiqsang bir soʻm beraman degan.. Esini yoʻqotgandan buyon enamdan boshqani aytganini qilmaydigan, eshagini hohlagan odamini bedapoyasida oʻtlatadigan Mardonga bu botgan. Eshakdan tushmay rasmchini quloq chekkasiga qulochkashlagan. Toʻrvasi bir taraf, rasmchi bir taraf boʻlgan. Qolganini aytmasam ham bilasiz.

Shundan keyin ikkovi kelishishgan. Har safar rasmchi unga hindi qizlarni rasmini olib keladi. Peshonasida xoli bor, zulpi gajak-gajak boʻlib ketgan rasmlarni. Koʻrgan boʻlsangiz traktorchilariyam oynalariga yopishtirib olgan. Rasmchi Mardondan pul olmaydi. Bu tartibni Mardon belgilagan. Qishloqda savdo qilayaptimi, qishloqqayam nafi tegsin degan. Shu-shu chiroyli qizlarni rasmi unga tekin. U rasmlarga Enamdan ip olib, ip oʻtkazib eshagining boʻyniga osib qoʻyadi. Koʻrgisi kelganda eshagidan tushib, yuz-ma yuz oʻtirib, rasm tomosha qiladi. Bir rasmga qaraydi, bir eshagini turqiga. Mardonni soatlab rasm tomosha qilgani, yigʻlaganini koʻrganlar bor. Birovga aytishmaydi. Aytsa, oti chiqib ketsa, Mardondan tiriklay qutilmasligini hamma biladi. Koʻrib koʻrmaslikka olishadi. Mardon haqida gapirish va eshitishni hayollarigayam keltirmaydi. Och qornim tinch qulogʻim deyishadi.

Keyin orqama-ketin hovuz boʻyiga kelishadi. Mardon eshagini tolga bogʻlab, bejovini keltirib sovunlab choʻmiltiradi. Keyin tumorini ham taqib qoʻyadi. Tumor ham kichkina emas. Peshonani yovliqti, toʻliq olib, bu quloqdan bu quloqqacha boradi. Raqqosalarning peshonasiga taqiladigan jangul-jungulni oʻzi. «Himorga tumor taqdim, ipaklari tillodan» deb hirgoyi qiladi. Hovuz boʻyiga yoyilgan, sotuvga qoʻyilgan rasmlarni tomosha qilgan boʻladi. Hindi qizlari, yigitlari. Stalinning shapkasi katta, shop moʻylov rasmi. Oʻziga yoqqan rasmlarni soʻramay ajratib, xurjiniga soladi. Rasmchiga gap qoʻshgan boʻladi.
- Sanlargayam hayronman. Yovda boʻlsa tezagi tegadi deb, endi rasmini sotib non yeysanmi? Sal qoluvdi tuxumingni quritishga. Kun koʻrishing shu boʻlsa, sanlarniyam noning qattiq ekan.

Tubut indamaydi.

Rasmchining sumkasi, kiyim-boshidan kelayotgan qoʻlansiq rasm dori hidi Mardonga yoqmaydi. Asabini qoʻzgʻaydi.
- Yuvinib yursang oʻlasanmi, hoy tubut. Bu rasmlaringni hidimi oʻzingnikimi? Man, sanga gapirayapman. Eshit. Yana takaday sasib kelsan hovuzga pishib, tolga osib quritaman. Mana, san keluvding, hidingga qushlar ham chidamay, inidan ketib qoldi. Tezroq bozoringni yigʻ, boʻlmasa barini suvga oqizaman. Chumchuq bolalar och qoldi. Yana qishloqqa yuvuqsiz kelsang mandan xafa boʻlma.
- Manavi rasmini katta qilib kepsanda, deydi Shopning moʻylovini oyogʻi bilan koʻrsatib: Toshvoy mallimga ber, chimildigʻini ustiga osib yotsin. Yotogʻiga yolgʻiz kirmasin. Protez oyogʻini ushlab turadi.

Bir oyogʻini urushda qoldirib kelgan Toshvoy mallim eski Zaporojini orqa oynasiga Shopni ikkita rasmini osib olgan. Mardon shu muallimni koʻrsa kuladi.
- U xumpar sani oyogʻingni emas, aqlingniyam yegan ekan deydi, koʻrgan joyida yoqasidan olib. Toʻy boʻladimi, maraka boʻladimi farqi yoʻq. Odamlar shuning uchun ularni birovni marakasida duch kelmasliklari taraddisini koʻradilar.

Mardon hovuz boʻyiga kelganidan ketganigacha rasmchini niqtab gapiradi. Rasmchi indamay eshitadi. Zoʻr kelib qolsa, eshitmaganga soladi. Ketib qolsa rasmini egalariga berolmay qolishidan qoʻrqadi. Pulini oluvding rasm qani deb borib uyiga oʻt qoʻyib keladigan Turkqishloqda toʻlib yotibdi. Birov aytsa boʻldi. Pul uniki boʻlmasayam or talashib, qoʻshilishib ketaveradi. Buni rasmchi biladi. Birovi yur desa-yu, birovi unga qoʻshilishib yonidan turmasa, rasm ham rasmchiyam bir yoqda qolib, gapning oʻrishi oʻzgaradi.
- Man hali sanga ishonib yuruvmidim? Ishongan tuyam san boʻlsang...

Turkqishloq odamlari shunaqa.

Aslida rasmchi rasmlarni pulini rasmga tushirgan kuni olib boʻlgan, endigi ishi ularni egalariga topshirish. Bitta yarim odam «rasmlarni ber egalariga topshiraman» deyishini istab oʻtgan-ketganga mustar boʻladi. Mardon bor joyga es engan katta odam yaqinlashmaydi. Oʻchakishgandek Mardon ham ketmaydi. Yuvib taralgan eshagini usti qurishi uchun oftobruyga chiqarib qoʻyadi.

Yana kelishishganki, rasmlarni egalariga bolakaylar topshirib keladi. Buning uchun rasmchi ularga biror rasm yoki besh-oʻn tiyin haq berishi kerak. Mardon aslida shuning uchun bu yerda turibdi. Oʻrtada turib bolalarning haqini olib beradi. Shuning uchun rasmchi Mardonni oldiga tushib kelishi bilan hovuz boʻyini bolakaylar toʻldiradi.
- Boʻjaxoʻrlar, qani saflaning deydi.

Bolalar boʻylariga qarab tizilishadi.
- Ishni hammaga teng boʻlamiz. Uzoqroqqa kattalar boradi. Yaqinga kichiklar. Burni oqqanlar rasm tarqatmaydi.

Bu gapni eshitgan burni oqqanlar, yenglari bilan burunlarini artgan boʻladilar. Toʻgʻrirogʻi shuvab qoʻyadilar.

Bolalar rasmlarni tarqatib, haqlarini olib boʻlishgach, burni oqqanlarga Mardonning oʻzi biror narsa beradi. Shunday keyin bozor qaytadi.

Hilvatdagi Suhbatlar

Odatda Enam urchiq yigirib oʻtirgan boʻladi. Chap qoʻllariga bilauzukdek xanjala oʻtkazilgan, undan ajralib chiqayotgan pardek yung barmoqlar orasidan oʻtib, urchiqning girillab aylanayotgan boshiga yoʻliqar- yoʻliqmas pishiq ipga aylanadi. Keyin urchuqning qorni toʻmpaygancha pishgan iplarni beliga boylaydi. Supada boʻlsalar atroflarini oqligiyam, sariqligiyam, gulobiligim bilinmaydigan musichalar oʻrab oladi. Nafaqa pullariga atayin bozordan sotib olingan bugʻdoylarni har zamonda ularga sochib qoʻyadilar. Ular bilan huddi dugonalari bilan gaplashgandek gaplashadilar. Musichalar kukulashib Enamning etaglariga, oʻngirlariga oʻzlarini uradilar. Enam bir musicha kelib urilsa ham chayqalib ketadilar. Enamning qoʻlidan don talashib, bir-birlarini turtkilashdi. Enam ularni koyigan boʻladilar.
- Boʻldi, boʻldi endi. Birov kelib qolsa uyat boʻladi. Bilaman, bilaman. Eshitib qolsa qoʻrqadi. Koʻp gapirmanglar.
- Ena, musichalar bilan gaplashayapsizmi? Musichalar nechaga kirgan?

Enam, choʻntaklaridan men yaxshi koʻradigan, sariqligidan yaltiraydigan oʻrik qoqisini beradilar.
- Mana, yeb oling, balajan. Yurakni baquvvat qiladi.
- Musichalar dugonalaringizmi?

Enamning avval koʻzlari kuladi. Keyin yuzlari. Men quchogʻlariga yotib boshim uzra yuzlaridan savolimga javob kutaman. Enam nima deyishlarini bilmayotganliklarini sezib, oʻzim ham oʻngʻaysizlanaman.

Mardon bilan Enamning suhbatini ham koʻp eshitganman. Enam uni Dalli deydi.

Enamning xanjalasi tugagan. Yonlaridagi oxirgi xanjala oʻrtasiga kirib uxlab yotgan pishak bolani oʻygʻotgilari kelmaydi. Shu payt gʻovda Mardon koʻrinadi. Dunyoni buzgudek vajohat bilan kelib Enamning roʻparasiga oʻtiradi.
- Ha, Dalli, yurishing dajam, boʻri koʻrdingmi? Odamlarni tentagini chiqarib yuribsanmi?
- Bizga buyurilgani shuda, Ena.
- Bir hisobga sanikiyam toʻgʻri, degancha gapni qisqa qiladilar.

Mardonni ovozidan choʻchib ketgan pishak bola xanjalaga oʻralib hovliga qochadi.
- Vahima shamoling qursin, pishagimniyam qoʻrqitding, deydilar.

Mardon soʻramay kalavadan ikki quloch oʻlchab shart uzib oladi. Enam koʻrmagan boʻladi. Mardon birda bir maslahat soʻrab, birda bir gapni aytgani keladi. Koʻpincha hol soʻrab.
- Ena, qishloqda gaplashishga arziydigan odam koʻp-u, bechoralarni fe’li qisilib, gapiradigan gapiniyam bilmay qolgan. Shundan boʻlsa kerak pichoqqa ilinadigani koʻchagayam chiqmaydi.. Oʻzi bilan oʻzi. Bu ularni yoʻli. Bundan kimga naf? Tentaklik mening yoʻlim. Bitta yarim ishlarga tentaklik qilib boʻlsada qishloqqa nafim tegadi.
- Eshitdim. Togʻni suvini quvurga solganlar shunday katta qishloqqa bitta suv ochamiz deganda, janjallashib toʻrtta ochtiribsan. Suv ochgan savob.
- Ena, oʻzingiz ayting, sharillab turgan soyimiz suvini quvurga solar ekanu, bizga bitta kran berishadimi? Bir kami endi eshagim bilan mani navbatim-sani navbating deb kran ogʻzini talashishimiz qoluvdi.
- Aynima. Sal yaxshi gapirsa suyilib ketasanlar. Yoʻrgakda tekkan kasaling baringni.

Ikkovining oldi-berdisi borga oʻxshaydi. Yo Enamga pulini qoldirib ketadi, yo pul oladi. Hozircha bilmayman. Lekin, sezayapman.

Mardon Dalli

Dalli Jarkoʻchani oʻrtasida eshagiga taxta oʻngarib kelardi. Magazinni oq qogʻoziga oʻrogʻliq. Maktabga ketayotgandim. Meni koʻrib toʻxtashimni bildiradi.Toʻxtayman. Taxtani yoʻl chetidagi toshga suyadi.
-Samarqandni koʻrib keldingmi?
-Ha.
- Kattatogʻni chizgan rasmingga koʻzim tushdi. Yaxshi. Mengayam bitta solib berasan. Uyimga qoʻyaman. Kim sani ursa, rasmchi deb ustingdan kulsa, manga ayt. Enasini uchqurgʻondan koʻrsataman.

Keyin, xurjunining bir koʻzidan bir quchoq rasm daftar va ikkinchi koʻzidan bir xalta qalam, har xil boʻyogʻ, choʻtkalarini oladi. Toshga suyab qoʻygan boyagi taxtani qogʻozidan chiqardi. Oyoqlari bor ekan. Oyoqlarini kerib, tik turgandan keyin betini ochdi. Taxta oʻragan qogʻozdan bir parcha olib, taxtaning betidan joyini topib, qistirdi.
- Bu sanga rasm chizgich taxta. Tik turib chiz. Yaxshi chiziladi. Bular ham senga. Nima kerak boʻlsa menga aytasan. Katta rassomlar tik turib chizadi. Roʻzi Chorini bilasanmi?
- Ha, soqoli bor.
- Doʻstim boʻladi. Uchrashtiraman. Odam.
- Hovuzga chizgan rasmingni koʻrdim. Muzlar erib ketsayam Samarqand qoldi. Suvning betida qoldi. Rangi osmonlarga urdi. Men uni koʻrdim.

Men hayolimda chizgan rasmimni u kishi qanday koʻrishi mumkinligi, yoki rostanam hovuzga rasm chizganmidim degan oʻyda koʻrinmasayam Kattahovuz tomon qaradim.
- San oʻgʻrilik qilma. Bunaqa ishlar bizniki. Mani otim yomonga chiqqan, mayli, bundan keyin ham yomon boʻlsin. Odamlardan yo oʻgʻrilab, yo tortib olish kerak degan gap, kunigacha turadigan gap. Kuni kelgach oʻgʻirlab olinganni oʻgʻirlab, tortib olganini tortib olishadi. Qanday kelgan boʻlsa shunday ketadi. Oʻz bilgisi bilan birov birovga yaxshilik qilmagan, qilmaydi ham. Yoʻq boʻlsa berolmaydigan, bor boʻlsa koʻrolmaydigan toʻplarga qoʻshilma. Ogʻirni ostidan, yengilni ustidan yurib mehnatdan qochganligini galstugim bekitadi, deydiganlardan uzoq yur. Mehnatni ogʻirini, nonni kichigini ushla. Mehnatni ogʻiri oʻqish. Til oʻrgan. Mehnatiga chidasang ivritni, nemisni tiliniyam oʻrgan. Tilni kerak emasi boʻlmaydi. Til azalda bitta boʻlgan. Tilda xilsat koʻp. San, joʻra oʻqishing, rasm chizishing kerak. Qishloqni tanitishing kerak. Oʻsmat Ota, Navqa Ota, Oʻqotar, Bogʻmozorlarni chizishing kerak. Kattatogʻni bor boʻyi bilan chizishing kerak. Chizganlaringni tomosha qilgan oldidan ketolmay qolishi kerak, bildingmi? Tutrigʻi, tayini yoʻq toʻplarga qoʻshilma.

Mardon tentakka oʻxshamaydi.

Enaqorin Xotiralar

Toqqa yolgʻiz chiqishga yosh bolalarga ruxsat yoʻq.

Bola tugul chigi uloq toqqa oʻrmalasa xabar topib orqasidan borib surishtiradigan Shirinqul togʻbegi supani koʻrgim kelib, hayhotdek sayhonda ota izi yoʻllardan yolgʻiz yurganimga hech narsa deyolmaydi. Panalab-panalab ortimdan kuzatib turganiniyam bilaman. Men avval otamga oʻxshab, sayhonni bir qur aylanib chiqaman, keyin, odamlarni bosh chanogʻini eslatuvchi suzzoq-suzzoq toshlar xafsala bilan terilgan yoʻlakning toshlarini sanayman. Bir, ikki... yetti yuz yetmish yetti.. yapaloq toshga oʻtirib, otam silagan joyni silab koʻraman. Tosh ustida oʻtgan goʻdakligimni eslayman. Qoʻlimdan ushlab toy-toy qilishgani yodimga tushadi. Mana, toshdagi eng katta chuqurcha akamniki. Mana bu uchta bir-biriga yaqin chuqurchalar meniki. Yongʻoqlarimni shu yerga yashirib qoʻyardim. Toshning narigi chekkasi qizlarning oʻyinxonasi. Tosh tagida chillikning choʻplari boʻlishi kerak. Borib koʻraman. Chillik choʻplar bekitigʻlik boʻladi. Keyin oʻchoq boshiga, qora uy tikilgan joyga borib chordona qurib oʻtiraman. Qora tortib, atrofini jangalu, yosh archalar bosib ketgan rizqxonalar-ertoʻlalarni yaqiniga borishdan qoʻrqmasamda, uzoqdan boʻlsada ser tashlayman. Otamga oʻxshab Boʻronqoʻnish choʻqqisi ustidagi yakka archaga qarayman. Choʻqqidagi yakka archaning shamol betida shoxlar yoʻq. Boshqa tomonidagi shoxlarini shamol yulqiverganidan uzun boʻlib oʻsib ketgan. Xuddi yam-yashil bayroq shamolda hilpirab turgandek.

Kattatogʻ deganim qaerda ekan deb yurmang. Bu Turkiston tizmasi. Uning uchi qiyri yoʻq. Oyqortogʻ uning bolasi, Boʻrioʻynar, Oqtosh, Zomintogʻ, Urgut togʻlar nevarasi. U boshidan bu boshiga qush uchib yetolmaydi.

El qora archa deydigan, maktabda Turkiston archasi deb oʻqitiladigan, Kattatogʻning eng baland joylarida qor-u shamol, issiq-sovuqlar bilan azaldan olishib, ustun kelib bayroq tikib, bayroqqa oʻxshab oʻsadigan bu archalarga men «Turkiston archabayrogʻi» deb ot qoʻyganman. Uni boʻjaxoʻrlar-qarqunoqlar ekishadi. Archabayroqni oʻrmonchilar ekishmaydi. Odamlar ham. Uni shu qush ekadi. Bu gap uzun gap. Sovurilmagan umrdek. Nasib etsa, koʻnglingiz koʻtargan kuni hammasini aytib beraman.

Boʻjaxoʻrning oti oʻzi oʻndan ortiq. Xuddi Kattatogʻning otidek.

Katta poshsholar, avliyolar va sirli joy, narsalarni oti oʻzi koʻp boʻlarmish. Asl-toza nomini yuvuqli-yuvuqsiz ogʻziga olavermasligi uchun el elmoyish ot qoʻyarmish. Enam shunday degan.

Nazarim choʻqqidan pastroqqa enadi. Choʻqqiga guvullashib chiqayotgan askarlardek sanoqsiz archabayroqlarga qadaladi.

Keyin, Kattatogʻning Oy Qor va Oy Makon togʻlari ikki qoʻldek bagʻriga olgan, katta qogʻozga chizilgan chiroyli rasmdek boʻlib yotgan etakdagi qishlogʻimizga, undan ham quyidagi uchi-qiyrigʻi koʻrinmaydigan dalaga tikilaman. Yor Yaygʻoq-Jargʻoqdan urho-ur, urho-ur degan ovozlar keladi. Bu joylarda bir emas, ikki emas ming bor boʻlganligimni his eta boshlayman. Shu joylarda bolaligim oʻtgandek, asov otlarni mindi qilgandek, Oʻqotarda yoydan oʻq otishni yillab mashq qilgandek boʻlaman. Jizzax va Samarqand oʻrtasidagi Yor Yayloqni toʻldirgan otlar dupiri dalaga sigʻmay, kelib koʻkragimga bekinadi. Bir vaqtlar ming gazlik mudofaa devori boʻlgan xona vayron Kampirdevor bir etagini Xarkanadan, bir etagini Hazoradan koʻtarib vazifasiga kirishganligini bildiradi. Oʻchoq boshidagi toshlarning birini ostiga qachonlardir bir shoda jamalak koʻmilganligini eslagandek boʻlaman. Oʻsha toshni koʻtaraman. Ostidan Enamni ipidek iplarga tizilgan, ohangjamoli, tanga va gʻubbachalarga toʻla sochpopuk, jamalak chiqadi.

Archalarni sugʻorgani kelgan qadim tuman oʻz ishini birovga oh-voy demay, koʻz-koʻz qilmay, kelganiniyam ketganiniyam birovga bildirmay Oyqortoqqa oʻngirini yigʻishtirgancha joʻnaydi. Tumanlar tanish koʻrinadi. Ayniqsa, hidi. Undan Samarqand devorlarining, Enamning qalampir munchogʻining boʻyi keladi.

Qop-qora bulut Hayotboshi choʻqqisi ustiga kelib oʻtiradi. Tumanga bepisand qaraydi. Hurmati joyiga qoʻyilmagan qudalardek qosh-qovoq qiladi. Birov bilan urushib xumordan chiqishga haddi yoʻqligidan qiynaladi.

Jamalakni enamga koʻrsatishim kerak.

Togʻbegining ishdan qolmasligini istab tez-tez qadam bosib, pastga tusha boshlayman. Aksiga olib Togʻbegiyam bekinib turgan doʻlana ortidan yoʻlimga chiqadi. Men oldimga tushgan soyamni bosib sekin, shoshmay yurishga harakat qilaman. Aeroportni koʻrmagan, samolyotda uchmagan boʻlsamda safarda boʻlib yurtini sogʻinib qaytgan, yurtiga mukofot olib qaytgan odamdek his etaman. Dimogʻimda bir hid boʻladi. Bu hid aeroportlarda boʻlsa kerak. Nasib etsa hidlarman. Shunda soyamdan qoʻlimni orqamga qilgancha soʻlqillab, otamga oʻxshab yurayotganligimni bilib qolaman. Otamning shunday yurishini yaxshi koʻraman.

Ena Shamol

Bir ishni mengarib qoʻygandek Shirinqul oʻrmon yoʻliqadi.

- Ha Otajon, deydi sizlab.

Men indamay bosh egaman.
- Bir oʻzingiz chiqmang. Jondor koʻp.
- Togʻda kiyik koʻrdim.
- Ha, soʻqoqlarnimi. Yaqinda kelishdi.
- Mana nima topib oldim, degancha jamalakni koʻrsataman.
- Bu kayvoni-Biynisolarni kulatasiga osiladigan jamalakku.

Men tushunmaslikdan yelka qisaman.
-Bunisi toza kumush. Bunisi tillo tanga, degancha qoʻlini choʻqqa bexosdan tutib olgandek tortib olarkan. Qoʻl tekkizganlikdan qoʻrqqanligi sariq yuzi koʻkarib ketganidan bilinadi.
- Enaga bering, Otajon. Enani haqi.
- Haliyam.

Meni otiga oladi. Yoʻlda Shirinqul oʻrmon oʻz-oʻzidan piq-piq yigʻlaydi. Biror joyi ogʻriyotgan boʻlsa kerak.

Qoʻshiq ayta boshlaydi: Bir zamonlar kelar boʻldi, jamolini koʻrarmanmi?

Men Togʻbegini orqasidan belini quchgancha oʻzimni uxlaganga solaman.

Tezroq uchinchi sinfni bitirishni iloji yoʻqda. Oʻzi uchinchini hamma kitoblarini oʻqib yodlab ham boʻlganman. Toʻrtinchinikiniyam. Birdan beshinchiga olishmaydida. Maktabni qachon bitirar ekanman. Ertaroq bitirsam Enam aytgan katta oʻqishda oʻqish uchun Ota Samarqandga borardim. Enamdan eshitganman. Ishni oʻqdayi, ishni oʻqi , oʻqday ish, oʻq ish – oʻqish. Menga qishloqda hamma havas qilishini bilaman. Odamlar Enam bilan bir marta gaplashsalar bir oy kasal boʻlmaydilar. Bunaqa Ena hech kimda yoʻq. Men hech kimga yomonlik qilmasligim kerak. Yomonlikni oʻylamasligim ham kerak. Oʻylaganimni odamlar bilmasalar ham farishtalar biladilar. Enam ham. Enam xafa boʻladilar. Esli bolalar enalarini xafa qilmaydilar.

Avvaliga ahyon-ahyonda esimga tushadgan oʻy, endilikda butkul hayolimni egallab olgan. Tursam ham , oʻtirsam ham Samarqand koʻz oʻngimda. Qoʻllari osmonga osilgan minoralar. Ichimda issiq bir narsa guv-guv qiladi. Oʻzi bilan oʻzi urishadi. Oʻzi yarashadi. Gohida yosh boʻlib dumalab chiqib ketadi. Men Samarqandni sogʻindim shekilli. Yo Samarqand mani. Ikkita odam bir-birovini birdek sogʻinsa shunday boʻladi. Enam shunday deganlar. Sogʻinch va tushni birovga aytmaydilar...

Hamma narsani qaytishi bor ekan. Yoʻqotganni topish boʻlgandek. Biror narsani topganingda biror narsani yoʻqotishing tayinligini birov bilib birov bilmasada, bilgan, anglagan vaqtingdan boshlab boshing muzlab qolishi, koʻklamning koʻzga yoqimli tuyuladigan, aslida jonni azzot sugʻurib oladigan sovuq yomgʻiri ustingdan shirgʻiragan, yap-yalang katta qirda badan-badaningni teshib borayotgan shamoldan bekinishga pana joy topolmay, qoʻlingda birinchi tugʻish emdirmay, allaqachon suruvga qoʻshilib ketgan shar qoʻyning ogʻizlanmagan qoʻzisi bilan karaxt bir holda, nima qilishini bilmay qolgan noshud yordamchi choʻpon holiga tushishing azob ekan.

Moʻltoni yogan tayoqlarning qarsillagan ovozi Kattatogʻdan qaytdi shekilli, quloqlarim ostiga kelib urildi. Ikkinchi marta loʻliqiz holiga tushdim.

Samarqand shamoli, yoʻq, Enamning shamoli doriyotganini bildirib, yer-u koʻkni toʻzon qopladi. Toʻzon qancha kuchli boʻlsa, shamol shuncha koʻp vaqt davom etishi, shamol koʻp essa togʻda suv koʻp boʻlishini, suv koʻp boʻlsa, qishloq barakali, toʻqchilik boʻlishini endi hamma biladi.

Samarqandni koʻrganimdan, topganimdan sal oʻtmay yoʻqotgan narsamni aytishga tilim bormaydi. Enamning ovozi tikib bergan choponchalarining oʻngiriga osilib qolgan.
- Oʻsmat Ota bilan Samarqand bir qadam. Yigit odamga shuyam gapmi? Bir irgʻisangiz yetasiz. Burungʻilar yayov, piyoda borib kelgan. Sizga yoʻldoshtumor tikayapman. Iynamga ip oʻtkazib bering......siz mani koʻzimsiz... balajon. Dunyodan olaring nafas, uyam boʻlsa bir pas, degan qadimgilar. Qoladigani halollangan nafas. Siz mening nafasimsiz...

Enamga enasi, enam menga oʻrgatgan qoʻshiqni aytgim keladi. Aytgim kelganini shamol biladi. Mandan oldin Enamday qilib aytadi. Men yigʻlovoray-yigʻlovoray deyman.

Enalari Enasoyga oqib ketsa,
Bolalari toshlar otib qolsa yaxshi.
Enasoyning sirtlonlari ado boʻlmas,
Bir-birini turtkilashmay yursa yaxshi.
Enalari Enasoyga oqib ketsa,
Bolalari toshlar otib qolsa yaxshi.
Enasoyning ado boʻlmas sirtlonlari,
Bir-birini iskalashib yursa yaxshi.

Ichimda, ovoz chiqarmay unga qoʻshilaman. Ena shamol qoʻshiqni Kattatogʻning u boshidan bu boshiga eshittirib bir zumda olib borib, olib keladi. Barmoqlarim orasidan erkalanib-erkalanib oʻtadi. Sap-sariq sochlarimni avval tuzitib oʻynaydi, keyin chakkamdan tushib turganlarini quloqlarim ustidan oshirib qoʻyadi. Betimga betini qoʻyadi. Peshonamni silaydi. Nam hidi urgan burnini koʻzimga tekkizib iskalagan boʻladi. Koʻziga qarashga hali kuchim yetmasligini biladi. Ikki qoʻlimdan siltab qaddimni tik, dimogʻimni chogʻ qiladi.

Koʻzimni yumib, ogʻzimni ochaman...

Bir marta qaerda yolgʻon gapirganimni topingchi?