OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Bahodir Qobul. Ota chiroq (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBahodir Qobul
Asar nomiOta chiroq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Bahodir Qobul
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm57KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ota chiroq (hikoya)
Bahodir Qobul

Kul Bosgan Xayollar

Bir vaqtlar, tong ertasi shamolning hurillab kelishini xush koʻrar, koʻksiga tegsa gurillardi. Boʻron bilan ermakka olishib, kifti oʻng kelgan chogʻlar koʻtarib urardi. Hozir yoʻlini hovliqib kesib oʻtgan bodi havodan oʻzini zoʻrgʻa chetga oldi. Shundoq ham nafasi yetmay, oʻpkasi ogʻziga tiqilib turuvdi. Adogʻi koʻrinmaydigan, ochiq-yopiq, qoʻshni-qavat mozorlararo oʻziga makon, kapa qidirdi. Qargʻish qoraytmagan, sagʻirlik sargʻaytmagan, egasizlikning yurak yutar vahimasi is osmagan kulba, boshpana, qoʻnim qidirdi. Ilgʻamasa-da, quyosh taftidan tusmollab birov Mixtepa, boshqasi Migʻ, yana biri Miqtepa deydigan, eskini odami Mugʻ atamish togʻ tomon koʻz tikdi. Zoriqdi. Damsar urishga qoʻrqdi. Qoʻshilishib joni chiqib ketardek tuyuldi. Jardan dili soʻlgʻinib emaklab tusharkan, Sakkokiy gʻoriga boʻyladi. Mashkot, chiroq qoʻyar tokchasidan sigʻindiday joy oldi. Xomush tortdi. Xatar bosdi. Seskandi. Koʻngli behuzur, vujudini qaeridadir, nimadir bezovta boʻldi. Ichi toʻkilib borayotganini his etdi. Naqdi yeb boʻlingan, nasiyasi garovga qoʻyilgan umr koʻziga yoʻliqdi. Sha’nining shami soʻngan, kuya tortgan bevosh bosh, miltillab-moʻltillab na ketarga, na qoʻshilib yashashga qoʻyadi. Karaxtlik murgilatdi. Bir vaqtlar shamxolning (pilta miltiq) yonari yonmay, pistaday oʻqni otishga qiynalib, turish-turmushi tutab ketishiga guvohi boʻlganda, piston-piltalarning holiga kulgandi. Dunyo kulgulik emasligini koʻzdan nur, tildan hukm, beldan kuch, ilkdan quvvat ketganda anglaganing befoyda. Xoh koʻm, xoh ochib yigʻla.

Davlat nogʻorasini chalgancha tuproq mahallasida qolib ketgan, sonsiz shohlarning sanoqda yoʻq mozorlari, toʻplagan hisobsiz moli-dunyosi egasini topib, qarichlab oʻlchab oʻralgan kafanlar jiyagining chirigiyam qolmagan qabrlari yoqalab algʻov-dalgʻov koʻnglini sudragancha sillasiz sirgʻalar ekan, or oʻrniga oʻron, shon oʻrniga nishon talashib bir-birini qisgan, yer yutib, qoʻshmozor boʻlib birlashgan ogʻzi ochiq laxatlar labida tikkaygan tikan-xori mugʻilon shoxidan qovjiragan joytanlamas, beor-benomus arpabodiyon chanoqlariga tortilgan, osilgan egasizlik bayrogʻidek pirpirayotgan toʻrlarga til soldi, bir qavat qaynoq havo ustiga kashtasini keltirib surkadi-da, yamlamay yutdi. Shami sha’n, chillasi chiroq koʻrmagan uyatli mozorlar betiga qaramay, gangirab, beixtiyor ortiga oʻrmalagancha qaytarkan, boyagina qilgan ishi oʻziga yoqqanday boʻldi. Obimashhad degich, bir ma’nisi Qabriston suvi, bir ma’nisi Otamozor boʻladigan ariq yoqalab suvloqqa tushgan kaptardek tizilishgan katta-kichik gʻorlar ogʻzidan oʻgʻridek moʻraladi. Avval, Miskin Ota otliq mashoyix, keyin boshqa gʻorlar shiftlariga beega yuz yilliklar osgan tortanak belanchaklarini, oʻrgimchaklar eshgan toʻrlarni milklari orasiga olib yamladi. Uzib yeyishga kamida tish kerak. Gʻor ogʻziga toʻr osib, oyoq-qoʻllari gʻujanak boʻlib, ichkaridan chiqayotgan hovurda halinchak uchayotgan oʻrgimchaklarda quloq bormikan, eshitarmikan, degan oʻyda qarsak chalgandi, sanoqsiz oʻrgimchiklar oyoq-qoʻllarini avvaliga baravar yozgancha sergak tortdilar. Bir zumlik sarosimadan keyin arqonlariga tortilgancha yuguriklab, yuqoriladilar. Bexavotir, tinch deb oʻylagan manzillarida toʻxtab, ovoz qaerdan kelganligini qidirdilar.

Qari Olov gʻor kunjiga tiqilar ekan, bordan kam, yoʻqdan koʻra kifoya gunohni boʻyniga olib, alami ichida toshqotgan odamdek yutinib, koʻrguliklar bitta qoʻymay qoqib olgan tishsiz, tashlandiq oʻraday oʻpirilgan beoʻxshov ogʻzini tilini chiqarib artgan, tozalagan boʻldi-da, choʻgʻi pasaygan koʻzlarini bamaylixotir yumdi. Xotir maylicha, xotir istagicha, xotir iznicha, xotir xohishicha yumdi. Dard ulgʻaydi. Xotir gʻami ulgʻaygandan ulgʻaydi. Och kanaday bostirib keldi. Soʻnggi salkam yetti yuz yilda birinchi bor oʻz hovirini oʻzi koʻrdi. Katta qora ter quyilib keldi. Sust bosdi. Nimagadir tokchalar qorasiga peshonasini ishqab-ishqab, surkab-surkab olgisi, erkalangisi keldi. Qachonlardir bu joylarda boʻlganlik sharpasi lip etdi. Yer bagʻirlab kelgan sukunat qoʻl berganini sezdi. Sezgisi tusmollab toʻxtagan joyga – sukunat koʻziga termildi. Tubsiz jarning qorongʻuligʻidan boshqa qarolik koʻrinmadi. Qoʻshilishib, boshini yelkasiga osiltirgancha, Afrosiyobni aylangani chiqishga yuragi yetmadi. Koʻngli koʻtarmadi. Shavkatli turk mozoriday magʻrur qir, qadimiy qasr kultepasi hidiga dumogʻini toʻydirib olgach, qachondir, nimanidir yoʻqotib qoʻyganini, lekin nimaligini eslolmagan boladay iziga qaytdi. Tengqur, qurdosh topolmadi. Topgani, tanigani Kattatogʻ suvidan tikka boʻlgan devorlardagi hid boʻldi. Davru zamona taxma-taxt qilgan, tirikligida salomini it ham olmagan gado goʻri oyogʻi uchida tizilishgan uchi-qiyri koʻrinmaydigan shohlar mozorlariga qaradi. Goʻr ham egasiga oʻxshab borarkan. Ilma-teshik qabrlardan bir-birini quvib chiqqan yumronqoziqlar inlariga qaytib, boshlarini chiqargancha joʻrttaga moʻraladilar.

Yagʻrinigacha yagʻirlashgan, qoʻymichigacha qoʻtirlashgan, biroq uzayib uzilmagan umr ustomonligiga ishonib, kechagina endi bu yerni yelkamni chuquri koʻrsin, deb etak qoqqan oʻrnidan oʻzga tinch joy topolmasligiga iqror boʻldi. Yerdan boʻgʻzini zoʻrgʻa chiqarib turgan sagʻana toshlarining sovuq va xira yaltirashidan oʻzini olib qochgancha munkillab, miltillabgina yotogʻiga oʻrmaladi. Ayvondan Kattatogʻ yoqalagan, bir vaqtlar qoʻrlaridagi choʻgʻlarga osmondagi yulduzlar havas qilgan Mugʻ ham, shuhrati soʻnmas shahar ham birdek koʻrinadi. Tushunadigan topilmasa ham shu ikkovginasini koʻrib tursa boʻldi. Shashting, yonishing oʻzingnikiga oʻxshamasa, tengqurlaring tugul tugʻishganlaring, oʻzingnida oʻzing tanimas ekansan.

Kattatogʻ va Samarqand koʻrganini hech birov koʻrmagan. Shahar necha bor xarobaga aylanganini, na erkagu na ayol, na sogʻu na xiyol, na darveshu na devona Shoh Juguzning: «Bor edim Nuh vaqtida, yoʻq etmadi toʻfoni ham... Tegma eranlar itiga, bir boshiga ming bosh ketar», degancha huvillagan koʻchalarda oʻziga-oʻzi gapirib, hu-hulab asrlar sanagan vaqti, besalom, bexabarlar kasriga qolgan, buzuqilik davroni necha bor qaytalanganini, qatordagini bari mard boʻlmasligini birov bilmasa-da, oʻzi koʻrgan. Sovuqdan pocha qoqayotgan Shohga issiq boʻlsin deb, mogʻorasiga choʻgʻ tashlab ketib, qalandarni tentakdek tentiratgan, suyuntirgan kunlarniyam tilini bir chiqarib esladi. Oʻzi shunaqa olov zoti sal oʻnglansa, xursand boʻlsa hayratini yashira olmagan yosh boladay tilini bir chiqarib oladi.

Tanish shamol sochi toʻzib, turtinib-surtinib avval Turk Afrosiyob oʻtgan koʻchalarni tusmollab yugurdi. Har bir pastu-balandga peshonasini urib koʻrdi. Koʻksini qaqratib, boshidan tuproq sochdi. Otasini koʻz oldida tuyuqsindan yer yutgan boladek izilladi. Oʻzini oʻnglab, barcha ulugʻlar ulugʻi, Gʻarbu Sharq chaqmogʻi Hindistonni olib qaytgandagidek, boshlab Hazrat Shohni tavof qildi. Tuman oqo xonaqosida nafasini rostladi. Bogʻi Chinor sari joʻnadi, undan Bogʻi Behishtga qarab ketdi. Bogʻi Balandga kelib qoʻndi. Katta enalar qoʻnimi–Ishratxona mozorotida yigʻlagisi keldi. Koʻksaroy, Boʻstonsaroyni oʻragan Toshqoʻrgʻonda tosh qotdi. Nimani, kimni, ne birni izini izillab izlaganini oʻzida bilmadi. Samarqand avomi buzuqilik davridan buyon Jonmard qassob mozori deydigan Sherdor madrasasi supasidagi, aslida Turk piri naslidan boʻlmish mashoyix sagʻanasiga mingginchi bor bosh urdi. «Devori qiyomat» ustida oyogʻ uchida turarkan, soʻrov bergandek uzoq vaqt oʻyga toldi. Registon va Arki Oliy oʻrtasidagi buloqni qidirganini, topolmagani, ishonimli ot va erkin shamol davrini qumsagani, yuragi kuyib sogʻinchini sovutgani, oʻzini Zarafshonga bir tashlab olgani, oxirida, shaharni balo-qazolardan himoyalagandek toʻrt tomoniga oʻzicha dam solib, roʻparadagi xayoli ravoqlaridek ayri tushgan, tos tevvasi oʻyiq imoratdan joy topganini koʻzlari miltillab kuzatib turdi. Shamolning ham uning holiga koʻzi toʻrt boʻlib, tirikmikan, deb qarab turganligini qoʻqqisdan tusmolladi. Ilkis ilgʻadi. Lip etgancha guvillab yetib kelishidan xavotirlandi. Koʻrmaganga oldi, qoʻydi. Dard ham davr gʻanimat degancha, qayrilgan qahrini qayrarga tosh topilmay dami qaytdi. Xoʻrlangan hurlik yangʻligʻ karaxt, xoʻrliqqa yoʻliqqan hurlikday dirdiradi. Xoʻrlik va hurlik orasini oʻlcharga yetarlik oʻy topolmadi. Hurlikdan xoʻrlikka oʻtar yoʻllarning qisqaligini chamalasa-da, xoʻrlikdan hurlikgacha yoʻllar adogʻi koʻrinmadi. Oʻpirilgan yakkamozor ustidan oʻtarkan, oyoq tiqqan kovushidan chayon chiqqan xotindek irgʻib tushdi. Soyalar ortidan ergashdi. Toʻxtasa toʻxtadi. Hardamxayol, sudralgancha kapasiga kirarkan, ortidan qaro tortib ergashgan har bir yuzqaroligʻ: tildan ketish, beoʻylik, e’tiborsizlik, ona tildan orlanish kasridan boshlangan orsiz jon talvasasi chandigʻi, yutumga yuz burib och qorin yeb qoʻygan ilm uvoli, koʻzi yiltillagan murdadil doʻst xiyonati zahri, zarari foydasidan koʻp soddalik nuqsi, haromtavoqlik yuvindisi yuqi, koʻnglini boʻshidan etagini hoʻli qurimaydigan ishonuvchanlik anduhi, kibru havo yuviqsizligi, qaramlik yalogʻining qasmogʻi, koʻzni bir siqim tuproqqa toʻldirishga zor darbadarlik ohu zori, sharmisor sigʻindilik sharpasi, dunyo talashish isnodi isi, xunhaqi soʻrar tili tagi bilan kesib olingan qonlar izi, nomardga muhtojlik mustarligi, mavrid-bemavrid kayfu safo sassigʻi jamiki soyayi-ziyon qatordan oʻz nasli-nasabi, mansabu martabasiga koʻra joy-joyini egalladi...

Samarqandni Yaxshi Koʻrish

– Samarqanni Samarqanday yaxshi koʻradilar,–dedilar Enam egasi koʻpkariga qoʻshadigan otiga dam solib qaragandek egnimga bir sidra nazar tashlar ekanlar, sokin va sekin, biroq ming yildan keyin ham eshitilib turadigan, esdan chiqmaydigan, oʻchmaydigan ohang va maromda, nafaqat menga, balki hamsuhbat boʻlayotganidan dimogʻi chogʻ shamol, yana omon koʻrganidan koʻngli yorishib, esankiragan kunduz, tepamizda bosh eggancha havas bilan chapak chalib turgan tut, chillani kattaqoridan qolgan muzni koʻtaraolmay qiyshaygan tarnovga ilinib, qilar ishi in qurish ham esidan chiqib, tumshugʻiga qoʻndirgan chitirni nima qilishini bilmay, gapga goh chap, goh oʻng qulogʻini oʻnglayotgan musichagayam aytgandek. Qoʻshib qoʻyadilar: Toshkanni donini yegan chumchuq Makkadan, Samarqanni koʻrgan jannatdan.

Enam oʻzlari shunaqa. Gapirganda kun-tun, oy-yulduz, togʻ-tosh, yer-suv, issiq-sovuq, qush-quzgʻun, dov-daraxt, qor-yomgʻir bilan odamdek gaplashadilar. Odam oʻrnida koʻradilar. Har bir gaplarini yod olishim zarurligini tovushlarini past-baland qilib bildirgan, qarz gapni tayinlagandek boʻladilar:
– Yo pirlar, deb oyoq bosing, balajon. Yo, otaqoʻnim, deb bosing, balajon. Yo otalar, deng, balajon.
– Enajonlar desam ham maylimi?

Mehmon kipriklar allaqachon tark etib, farishtalar joy talashayotgan mijjalarini teng yumib, vaqtniyam toʻxtatib qoʻyib, bir maydondan keyin sekin, birdek baravar teng ocharkanlar, rozilik bildirgan boʻladilar. Koʻngillarini topganimdan xursand boʻlaman.
– Keldik, deng balajon.

Ovoz chiqarsam eshitganlar kulishlarini xayol qilaman:
– Ichimda aytsam ham boʻladimi?
– Koʻkayda aytganni yetti qat osmon eshitadi.
– Samarqand hammani taniydimi?
– Oʻzini taniganni taniydi.

Kimga qoʻshilib borishimni koʻkaydan oʻtkazgandim:
– Lashkarni qoʻshing, chirogʻ, dedilar.

Yolgʻiz ketayotganimdan ikkilanib, gap topolmay, siz orqamdan qarab turasizmi, degan gapni qanday aytsamikan deb turgandim: Enam ogʻiz ochmasalar ham a’zoyi badanlaridan ovoz chiqqandek, dastorni katta qoʻygan boshlarini xam qilib, ha, shunday, degandek boʻldilar. Qoʻshilishib osmon ham xam boʻlgandek tuyuldi. Xuddi birovga gap qoʻshgandek qoʻshib qoʻyadilar: yolgʻizni yori xudo.

Sharqqa Hijrat

Eski va yangi murdalar hidi qoʻshilishib, uyqashib-suykashib suzib yuradigan, tapponiga qarab toʻgʻrisoʻzdan tonmaydigan fohishalar makoni Venetsiyaga avvaliga avrab chaqirilgan va sakkiz yillik tutqunlikda ushlanib, aytganidan qaytmagan, keyin Rimning Gullar maydonida yoqilgan gulxan ustiga tikilgan bandini ikki yamlab bir yutgan olov, oradan ming yil oʻtib ham oʻchmagan boʻlsa-da, oʻshanda undan sachragan uchqunlar zum oʻtmay shamollarga qoʻshilib yer sharini allaqachon kezib chiqqan, Quyosh atrofida aylanuvchi sayyoralarga xabar berib ulgurgandi. Etagidagi kulni qoqqan uchqun xayolini yigʻib olgani bir zum osmonga tikildi. Atrofni oʻragan kardinal, abbat, vikariy, yepiskoplar oralab oʻtdi. Yulduzlar yoʻl koʻrsatdilar, yoqasini oʻynagan epkin koʻnglini koʻtargan boʻldi. Tekin tomoshaga oʻch olomondan uzoqlashar ekan, tiriklay yoqilgan yuzlab odamlar ruhlari izgʻiyotgan maydon chetidagi yaydoq eshakka koʻzi tushdi.

Avvallari, «Qurbonlik maydoni», keyinchalik «Vatan sajdagohi» atalgan joyda oʻrnatilgan Romul haykaliga bosh egdi, qoʻl silkidi. Rim Forumi bilan kesishadigan Muqaddas koʻchaning qayroq toshlarida mak-mak oʻynagandek sakradi-da, Kapitoliy qirlariga oʻrladi. Chim bosgan Avgust xonadoni, Imperator saroyining qargʻish yiqitgan, arvoh ham kirmay qoʻygan xaroblarini paypaslagan boʻldi. Boʻyma-boʻy, qavatma-qavat keladigan Mikelanjelo Buonarroti va Abu Ali ibn Sino koʻchalarida bir vaqtning oʻzida baravariga yugurikladi. Kapellada «Yorugʻlikning Tundan ajralishi», Quyosh va Oy; daryo va giyohlar; Odam Ato, Momo Havoning yaratilishlari, «Gunohkor insonning koʻchishi», «Nuh qurbonligi», «Katta toshqin» suratlari yolqinlari bilan avval qoʻshilishib, keyin ayrilishdi. Karakalla tepaligi tevvasiga chordona qurib uzoq oʻtirdi. Oradan yuz yilliklar oʻtib, oʻziga qoʻyilgan sagʻanadagi yoziqlarni ovoz chiqarib oʻqidi. «Oʻsha joyda, qaerkim, gulxan yoqilgan joyda, oldindan koʻrilgan yuzyilliklardan».

Burro Oʻtyurakni chap koʻzi oqib tushgan, ogʻziga yuviqli-yuviqsiz qoʻllar tiqilaverganidan koʻngli aynigan Rimning katta rapidaday «Toʻgʻrisoʻz taqdir toshi» kuzatib qoldi.

Kellin eshagi* uni gulxanga mubtalo qilgan, olovga olib kelgan boʻlsa, bunisi hijratga olib ketishini sezdi. Yaydoq mingancha, yoʻlga sigʻmas doʻlbarjinday joʻnadi. Konigil qoʻrigʻi marzalaridagi qadim xumdonlar yonida ulovdan tushdi. Xumdonlarga bir-bir kirib isindi. Uchrashuvga tayyorlanar ekan, shami yonishini istadi. Jahongirni mingini koʻrgan Sugʻd daryosi suviga bosh-oyoq yuvindi. Qadim zamonlarda olib kelingan eldoshlari, elga el boʻlib ketgan miletliklar vatan qilgan toqqa qaradi. Shamolini tuydi. Oʻrnilarida boʻlgisi kep-ketdi. Yuzini oy nuri yaltirayotgan suvga solib koʻrdi. Oʻzi oʻziga yoqdi. Tengqurlar salomini egasiga yetkazdi. Samarqandga Rimdan avvallari ham koʻp salomlar kelgan. Yalang oyoqlariga botgan, ilashgan tangani qoʻliga oldi. Antioxni tanidi. Vatandoshlik hissi qoʻzgʻoldi. Artib qoʻyniga soldi.

Oʻsmat ota etagidagi Dunyotepa gʻorini eslatadigan, biroq yoʻlaklari uzun, xonalari katta, chiroq tokchalari koʻp, hashamli-hashtalali boʻlgan Siyob yelkasidagi gʻorlarga bosh tiqib koʻrarkan, Rimning adoqsiz katakombalari ta’mini tuydi. Qurum bosib paqqos qoraga boʻyalgan devorlarning unda - bunda koʻchgan joyidan moʻralagan sap-sariq jartuproq bahaybat maxluq koʻzidek baqrayib hayiqtaradi. Koʻz yetmas puchmoqlaridan gurillab chiqqan toʻda kaptarlar vahimasidan keyin yurak yutib, qaytib birov yaqiniga yoʻlolmaydi. Kaptarlar parvozidan Oʻtyurakning dimogʻi chogʻ boʻldi. Rimdagidek kaptarlarga don sepmoqchi boʻlganda qoʻli kaltaligi esiga tushdi. Don sepish va terishning oʻz vaqti-soati boʻlishi shunda sezildi.

Samarqand Afsonalari

Samarqanddan oʻtmagan matal matal emas. Matalligi yoʻq.

Quyosh uyalganidan Samarqandga yaqin kelolmas emish. Kun har kun qiyomda turib ketarmish. Yulduzlar joy talashib saf tortarmishlar. Yigit kishining bir qarashiga oy intizor, yulduzlar ilhaq emish. Er kishi tik boqsa quyoshning quvvati osharmish. Samarqanddan turib qarasa, albatta. Farishtalar, oy-yulduzlar avval boshdagidek safda, sajdada turishga zor emishlar. Enam aytgan.

«Bu dunyo–gunohkor insonlar uchun quvonchdir».

«Tushingdan oʻzga doʻsti sodiq boʻlmas».

«Zamin insonlar yelkasidagi, inson zamin gardanidagi yukdir».

«Yoʻqlikka sayr etishdek yaratishlik boʻlmas».

«Iroq shohi boʻlsang-da, Chin podshosi ersang-da, kelaring shu yer–er osti. Nima uchun qalbingni bu oʻtkinchi dunyoga bogʻlaysan».

«Sen qalblarimizga nur, qabrlarmizga nur, koʻrarlarimizga nur, eshitarlarimizga nur... nur...nur... bagʻishlading».

«Jannat eshiklari ellar uchun ochiq, mehribonlarga mehribonligi abaddir».

«Shohlar sening poyingga bosh uradilar.... senga munosib boʻlmoq uchun».

«Sajdayi xolis–na hokimiyat va mol-mulk».

Bu yoziqlarni Mozori Shoh–Shohi Zindadagi imoratlar peshonalari, betlari, yelkalari, koʻksidan koʻchirib oldim. Avvaliga, daftarchamga yozib olishga uyalib turgandim, qarasam, qarri-qurri ajnabiylar binolarni suratga tushirar, yoziqlarini oʻqishga, ma’nisiga tishlari oʻtmasa-da, kechikkan hayratlarini yoshlariga yarashmagan bepisandlik bilan yashirmoq boʻlardilar. Surat olgichim yoʻq-da. Boʻlmasa, men ham suratga olardim. Enamga koʻrsatardim. Lekin, shunda birdan imoratlardagi yoziqlarni koʻchirib olishni oʻylab topdim. Yoziqlar orasi uzilib tushgan boʻlsa-da, koʻz yetgancha koʻchira boshladim. Birov nima qilayapsan demadi. Qaytaga sayyohlar ishimdan zavqlanib tomosha qilishdi. Bir-ikkitasi chiqqillatib suratgayam oldi. Shunda, chekkaroq joy topib yoziqlarni koʻchirganman. Koʻp nuqta qoʻyilgan oʻrinlar yoziqlarni koʻchib ketgan joylari. Ammam nariroqda qarab turganlar. Qachon ishim tugasa, shunda ketishimiz, oʻtgan-qaytganga e’tibor bermay koʻchiraverishimni tayinlaganlar. Shunday qilsam Enam chin xursand boʻlishlariniyam. Buni oʻzim ham bilaman. Kostyum-shim olib beraman deganlar. Kostyum-shimim boʻlmasa-da, shoshgandan bor deb yuborganman, oʻshanda. Katta shaharda yolgʻon gapirganingni odamni oʻziyam bilmay qolarkan. Enam: kimki yolgʻon gapirganda birovga zarari tegmasa, zarari oʻziga boʻlsa, hechqisi yoʻq, – deganlar. Qachon kostyum-shim kiyishimni soʻraganimda Enam: shuyam gap boʻptimi, balajon. Hali beklar beglab chaqirmas, poshsholar elchilab soʻramas, shohlar toʻn yopmas ekan, kelganim yolgʻon,–deganlar. Bekligiyam. Men hali bolaman. Bunaqa gaplarni tushunmayman. Enamga koʻz boʻlib, ignaga oʻzim ip oʻtkazgan, enam oʻz qoʻllari bilan tikib bergan chiybaxmal sholvorim, it yoqa, yenglariga qoʻshboʻgʻma urilgan boʻz koʻylagimni kerak boʻlsa inturistlar rosa tomosha qilishgan. Ushlatmaganman.

Dunyo Samarqandning bir yozigʻiga teng kelmas emish. Tarozining bir pallasiga dunyoni, bir yogʻiga Samarqand yozigʻini qoʻysa, yoziq bosib ketarmish. Yoziqning toshi ogʻirmish. Avval yoziq, oxir yoziq emish. Enam shunday degan.

Afrosiyob Mehmonlari

Mehmon olib kelar, mehmonday olib ketar shamollar Afrosiyob ustidan mayin oʻtadilar. Uning har bir kesagi uchun hisob berar joy borligini biladilar. Har bahor bayroqlar mehmonga kelgan boʻladilar. Uzun-kalta, katta-kichik. Koʻzlarini katta-katta ochib ehtiromli qoʻrquv va ragʻbatdan umidvorlik nigohi bilan qaraydilar. Yam-yashil bayrogʻini yelkasiga tashlab chiqqan Afrosiyobni oʻzigagina xos, oʻzigagina yarashigʻliq ulugʻvorlik va muruvvatini tuyadilar. Hammasiyam emas. Shamol parillatgan boʻladi. Mehmonlar boʻylarini boʻylab koʻrishga botinadilar. Azaliyatdan shavkat va sharaf tugʻini koʻtarib kelayotgan tugʻdonalar hidiga toʻyinmoq istaydilar. Bu turishlariyam azmoyish, taajuvot, gʻanimat ekanligini, uning dovrugʻiga bir xolchalik bezov boʻlolmasliklarini, togʻlar ham bu tepaliklar bilan tenglasha olmasligini koʻkaylari dirillab, pirillab anglaydilar. Holining ahvolini koʻtarolmaydilar. Samarqand shamoliga, azal va abad shamoliga munosib boʻlmoqqa jon-jahdlari bilan tirishadilar.

Mochasi hangisini quvadigan Moskov Ismoil otliq qishlogʻidan topgan, bisotidagi yakkayu yagona qadim Xorazm tangasini Kreml kamonchilari dastidan kuygan kaftiga omonatgina olgancha keladi. Boʻynida Turkiston bosib olinishining 1,5,10,25 yilliklariga tamgʻalangan tangalar boʻladi. Ogʻir yillarda och-yalangʻoch, sargʻaygan sagʻirlariga boshpana boʻlgan, bolaligiga borib, muazzam imoratlarning devor-toʻshlariga nomlari, qaerdan, qachon kelganliklarini yozib qoldirgan darbadar, yetimlari uchun kechirim soʻragan boʻladi. Qavmi odaticha bir suv kechsa va’dasini unutadigan, Toʻxtamish degich Moskovni kulini sovurgandan keyin yetti yil oʻtib-oʻtmay qilmishiga hisob bergani, tupurgan tuzlugʻi tuzi tutgani, oʻshanda daraxtlarigacha koʻsov boʻlgan, yetti yashar goʻdak, bola ekanligini, qaramlik va xiyonatning achchiq tutuni ichra oʻziga kelolmaganini, biror-bir boshpanasi qoʻnoqlikka arzimay non-tuz tutolmaganligi, peshvoz chiqolmaganini, oradan ikki yuz yil oʻtib shahar nomini olgan qoʻrgʻonchaga Gʻarbu Sharq xoʻjasining oʻshanda qarab qoʻyishni ep koʻrmagani sababini anglaydi. Yetti yashar bolakayga qilgan muruvvati, qullikdan ozod etgani uchun qulluqda, tazarruda turgan boʻladi. Otalar kechirimli keladi, yonboshidan joy koʻrsatgan boʻladi. Bolalikka ayb taqamaydilar.

Bolaligida oti Oltin Su boʻlgan Samarqandning dovruqli oʻgʻli Mugʻupta hali Zardoʻsht nomini olmasidan, oq tuyaga minmasidan oldin Mugʻ togʻidan tushib kelgandagi ilk tavallosini qabul etgan Zarafshon ne bir afsonalarni faqatgina oʻzi bilishidan pismayib, oʻng tirsagini yerga, kaftini iyagiga tirab, irmogʻlari, aymoqlari Shunqor, Oyqor, Mugʻdan ham balanddan boshlanadigan xilqatlarga koʻz tikib, yonboshlagancha taltayadi. Yuguruk erka yel shoʻxlik qilib etagini koʻtarib qochadi. Qismatga xushnud ahli behisht qiroatida qoʻshiq aytib joʻnaydi. «Qadr ma’lum, jins ma’lum, ajal ma’lum...»

Sarkash Iskandar shaharni kunpayakun etib, otasining dovruqli saroyi zallarini bezagan qirmizi marmarlar Afrosiyob koʻchalariga oddiy tosh oʻrnida toʻshalganidan gʻashi kelgani, ensasi qotganini, devorlardagi suratlarga mahliyo boʻlgani, malika Rassanoga uylanish toʻyiga tayyorgarlik koʻrilayotgani haqidagi suratni havasga chizdirganini kimgadir aytgisi, Iskandar va Ruxshona sevgisi tugʻilgan tepalikni ishonimli odamga koʻrsatgisi keladi. Muhabbat bodasidan kayfi sahbo tortgan, Yer yuzi jannati otliq Samarqand va sevishganlar jannati atalmish Rimning dardlari dunyoga sigʻmaydi. Hayrati had bilmas katta sevgilar, sevishganlar surati ham. Jahongir va Malika suratlari Vatikan yertoʻlasida koʻkragini zaxga berib yotganini shamol xabar bergan, mugʻtan ularni birda borib koʻrgan. Birovga aytguligi yoʻq. Asl suratlar Rimda, yoziqlar Samarqandda boʻlarmish. Buni kim aytganini aytib boʻlmaydi.

Afrosiyob mingtepasini shaxmat taxtasi hisoblagan qargʻalar fil suyagidan yasalgan qachonlardir shohlar koʻtargan, jahongirlardan qolgan donalarni, otlarni suradilar. Shaxmat taxtasi kataklari biri oq, biri qora boʻldi. Qargʻalarni-da biri oq, biri qora boʻladi. Raqiblar oqshomdan qorashomgacha oʻyin ustida. Mozori Shoh zinalari yoqalab, bir balo qilib tashqariga chiqqan hazorispand, ehtiyoti shart isiriq solgan boʻladi. Bir qulogʻi suhbatda. Gap-soʻz bir vaqtlar Beruniy va Sino boshlagan, oradan ming yil oʻtib Eynshteyn va Born deganlar davom ettirgan suhbatni sudrashdek tuyuladi.
– Men senga aytsam Qorakalla, aqldan tashqaridagi narsani oʻzi yoʻq narsa. Borliq aqlda makon topadi, deydi boʻyniga «Ezop» deb yozilgan taxtachani osib olgan va har zamon joyida turibdimi degancha ushlab-ushlab qoʻyayotgan Ola qargʻa.
– Bor aqlda aql boʻlsa. Borsan bor, yoʻqsan yoʻq. Koʻchding oʻchding.
– Ha, endi maydalashma. Odamlar, umuman jonliqlar xayolini hisob- kitob qilib boʻlmaydi. Faqat ortidan ergashish, oldindagi, yon-verdagi koʻrguligu koʻrinishlardan keragini olgan ma’qul koʻrinadi, deydi Ola qargʻa shlyapasi qasirgʻasiga qachondir kirib qolgan va bolalagan sichqonni chap oyogʻi bilan olib irgʻitib tashlar ekan, sichqonchalar tum-taraqay qochadilar. Oyogʻi yerga tegishi bilan birinchi qilayotgan ishlari qochish va kovak, teshik axtarish boʻladi. Birov oʻrgatmasa ham. Keraksizidan qutilish lozim yoki bulardek qochish kerak, deydi shoshgandan qanotlarini bir silkib sichqonchalarga yoʻl berarkan, soʻzida davom etib Ola qargʻa. Hamma balo nafsni qondirish harakati, hirslarini uyalmay-netmay mehr deb bilishlarida. Mehr bilan manfaat, hirsni ayrit qilishni istamasliklarida.
– Ol-a, Ola. Gap Aql va Makon haqida edi. Aqlning makoni va makonlarning Aql maydoniga sigʻishi, oʻzga, turfa olamlar haqida edi. Har doim olib qochasan. Gapim ham qochib ketdi. Shoh.
– Ma’lum aqllar ma’lum makonda qadr topadilar. Qochdim.
– Ma’lum makonning ma’lum davrini yana unutding. Shoh.
– Osmonu zaminda narsalar bari, odamning fikridan emas tashqari, deyishgan. Qochdim.
– Aql va ruh xotir istasa quvib yetmas makon boʻlmas. Oʻtganiniyam, kelariniyam nazarda tutayapman. Shoh.
– Oʻzga olamlarga ola qanotu qora qanot bilan yetib boʻlmas. Farzin.
– Aql arigʻidan tashqaridagi ariqlardan suv ichmagandan keyin qiyin-da. Otni eshakday yurmaydilar.
– Koʻrmay qobman. Koʻz ketibdi.
– Poʻstakni yirtigʻini koʻz demaydilar.
– Itdan bir suyak qarz shohlar ohini eshityapsanmi?
– Bu soʻrov Qoravoy, bu soʻrov. Bitovlar soʻrovi. Bitov koʻz soʻrovi. Ohdan boshlanib tugamaydigan va ochilishi dargumon koʻzlar soʻrovi Qoravoy.

Shoxni mot qilish payida qargʻalar ham koʻz choʻqishga tayyor koʻrinadi. Oq qargʻaga taxtadagi donalarning bari oq koʻrinadi. Qorasiga qora. Bir-birini koʻrlikda ayblab, toshlarni teng surishadi.

Tovus qadim qal’a devori yorigʻidan ilonday ovoz chiqarib keldi. Odamday keladigan toshbaqa toshini teskari kiyib chiqdi. Qoʻllari kunni issigʻi urgan kesakdek toʻkilib ketar koʻrindi. Toshi kitob koʻrindi. Kitobda yoziq. Yoziqni adogʻi koʻrinmaydi:

Elim budun erdi,
Elim endi qani?
Botirli budun erdi,
Botirlari qani?...

Alp Er Toʻnga oʻldimu?...

Yaqin oradagi eski shamol yoʻlini tusmollab boʻynini choʻzdi. Burni jimirildi. Yuzaga qaytganini aniq his etgandan keyingina irindi. Kulguni eshitgan ariq suvi shoshgandan bir toʻxtab oldi.

Xayol Otining Uygʻonishi

Yelkasi tirishgan Qari Olov shashti soʻnib borayotganini koʻkayidan oʻtkazdi. Beixtiyor Afrosiyob devori ustida oʻzini koʻrdi. Pastga qaragandi, boshi aylandi. Devor ustida borarkan, kimdir qarab turgandek, ilkisdan oʻziga-oʻzi askarlar qoʻlidagi lov-lovdek koʻringisi keldi. Oʻxshamadi. Avval oʻksindi, keyin koʻngli aynidi. Sezdi. Shunda, shundoqqina koʻz oʻngida, birdaniga jikkakgina choʻgʻ choʻgʻlanganni koʻrib, choʻlda suv topgandek anqaydi. Mitti choʻgʻ gʻayrati, taraddudi boshi qaro tortib yashayotgan, yonayotgani, tirikligini oʻzidan boshqa bilmayotgan keksa vujud vujurini qoʻzgʻadi. Dunyoga oʻt qoʻygudek gʻayrat bilan tovlanayotgan choʻgʻni uzoq va yana uzoq tomosha qildi. Shashtini sezdi. Hidini oldi. Hidlab-hidlab dimogʻini chogʻlab, koʻnglini yoshartirdi. Koʻngillar koʻkda koʻkarishini, koʻngilni koʻkka bermaklikni, qoraga botirmaslikni kimdir qulogʻiga shivirlagan boʻldi. Koʻngli suvsadi. Koʻngli suv ichdi. Koʻngli suv boʻldi. Koʻnglida sel koʻchdi. Dili xun boyladi. Xotiriga Shoh Bobur Oshiqonda askarlari qasosiga Kal Qoshuq va Jomaboflarni jazolagan kun gurillab keldi. Mirzoga qoʻshilib ketgan shon-shavkat, Samarqandda yarimta gʻishtni tikka qilolmaganlik, ustma-ust qoʻyolmaganlik armon-anduhi chuqur oh tortdi. Alisherbek yashagan Ulugʻbek madrasasining hujrasida sixtadi. Galategirmonsoy osmonida tugʻilganidan buyon muallaq turgan ena tandir nonining ming-ming yillik ta’mi va hidi oʻzgarmaganini, oʻzini yoʻqotmaganini aqli tanimasa-da, sezimi sezdi. Qadimda, qoʻrda koʻmoch pishirganda, har kim oʻz koʻmochiga kul tortmagan vaqtlarda, pishirishga qoʻygan har bir ega oʻz nonini ustiga otini yozishini yoki qavm belgisini qoʻyishini naqd esladi. Rimliklar ham qoravoy pishirganda xuddi shunday qilishini shamol birda kelib aytganini-da ilgʻadi.

Boshlanishda, Bedona qoʻrigʻida Qorasuv atogʻliq, keyin Siyob ataladigan ariqqa qoʻshilib oqdi. Oqib-oqib, kelib Hazrati Doniyor marqadiga bosh urdi-da, dunyoga langar boʻlgudek qabrga qorovullik qilayotgan, asrlar nevaralikkayam oʻtmaydigan buta shoxlariga oʻz oyoq-qoʻllarini oʻzi bogʻladi. Boʻshab ketuvdi shamolga bogʻlatdi. Yigʻlari shiddatini eshitmasa-da, ikki chekkasidan shirgʻirayotgan yoshdan bildi. Shu asnoda tong otish, kun botish barchasini yeldek yeb ketganini, quvonchlar qochib, qaygʻular toshgan kunlarni eslayverishdan naf yoʻqligini, Samarqand otidan gʻisht ustiga gʻisht qoʻyish, daraxt koʻkartirish har kimgayam nasib etavermasligini ich-ichdan angladi. Yozigʻlarniyam. Sutdan qimizga aylanar asrlar kelayotganidan boʻronlar belgi berdi... tiriklik ruhi qadri, qimirlagan hayot qimmati, issiq-sovugʻini seza boshladi. Ayniqsa, hamishagi dovdir shamol kelib oʻzini urib oʻtganda shoshib qoldi. Lap etib yondi. Bu yonish, gʻayrat, lovullash, alanga, oʻtu nafas tanish koʻrindi. Birda bir boshidan oʻtgandek koʻrindi. Kashmiri oʻxshab-oʻxshab ketdi. Koʻngli xijil tortdi. Gʻashlandi. Oʻziga oʻzi gʻashiqdi. Keyin qon qaynadi. Qon tortdi. Tortgandayam uzib-uzib tortdi. Oʻlik-tirik tomirlarni bir qilib tortdi. Ogʻrigʻi yomon keldi. Ogʻriq ogʻir keldi. Uvol boʻlayotgan umrdek uvullatib keldi. Dardini yoyishga, sergitishga shamol, osmoqqa dor qidirdi. Kun qisdi. Yutardek keldi. Oʻz dardiga oʻzi yondi.

Davrlarning davronxonalari yoʻliga zina boʻlgan qabrlarga zambil qadamlarini bitta-bitta qoʻyarkan borgan sari yurishi yengil tortayotganini, yelkasiga mingan ming botmon-ming botmon yuk lahza sayin tark etayotganini sezdi... yoʻlma-yoʻl lippillab, bir oʻchib, bir yonib borarkan, hushini yigʻishtirishga tirishdi. Qalb yaxshi soʻzlar bilangina ilishi, isishi, yonishi, guvullashi, yer ustidagilar bir-biriga shunday soʻzlarni aytmay qoʻyganidan sovuqqina boʻlib borayotganliklarini favqulodda angladi. Oʻzini nima sovutgani, nima rangini oʻchirganini topishga qanchalik harakat qilmasin, qalovini topolmadi. Birdaniga beklik, egalik uyni chirogʻiday parillab yongisi, bekalik toshoʻchoqda qoradan-qora koʻmoch pishirgisi keldi. Egalik uyning chirogʻi boshqacha yonishi koʻz oldida porilladi. Ayniqsa, egalik chiroqda yonish zavqini tuyganida yana imoratlar yoziqlarida yaltillab yonishini, oʻqishga yuguruklagan koʻzlarga quvvat boʻlishini qoʻmsaganda, azbaroyi hayrati haddin oshdi. Koʻngli suvsadi. Suv yondi... Shunda...siniq ruhida eski vaqtlar siniq qozon atrofida rizq umidida past-baland, katta-kichik boʻlib tizilishgan chora-toltavoqlar qatorlashgan kun lap etib koʻrindi. Kimdir katta oʻqlov bilan boshiga bir urgandek boʻldi. Favqulodda oʻzining bir vaqtlar Samarqandning otashxonasida gurillagan gulxan, Olov uyida otash, toshoʻchoqlarga qoʻr boʻlganligini, qozonlarni qoʻy boqtirgani, ne bir oʻt ogʻalari kaftlariga koʻtarganini, tutuntiriqqa berganligini, darveshonalarda pilik, xosu om kulbasiga issiq boʻlgani, Afrosiyobning necha turlik chiroqlariga parvona yiqqani, ne bir kitoblar yozigʻida boshida turganini, toʻrt ulusning chirogʻi boʻlganini, qahratonlarda tirikligiga sherik, yaxshi-yomonda kerak, oʻrni davralar toʻrida, qoʻrida, qorongʻu tundagi oyday sogʻinchli boʻlganligini eslar ekan, oʻlsa koʻmari yoʻqligi esiga tushgan eski gʻardek boʻshashdi. Hech bir holatda qoʻlini tushurmaslik, yonga tashlamaslik, hatto yangi oʻliklar ham qoʻlini qoʻyarga joy topa olishini, yonga tashlamasligini ming bora guvohi boʻlganini esladi. Tiriklar vaqti kelsa oʻlikdan ham ibrat olishi lozimligini, mayit eng ulugʻ, eng soʻnggi saboq, koʻrgazmali qurol ekanligini qoshu qovogʻi oʻrtasiga birov yozib-chizib ketgandek boʻldi. Roʻzgʻor oʻchoq bilan, oʻchoqdagi qoʻr atrofidagi qur bilan qut boʻlishiga, qutli, qoʻrli oʻchoqqa hech narsa yetmasligini, izlaganini topgandek iqror boʻldi. Hatto qaysidir davronlarda oti Qoʻroʻt, Qoʻrqut boʻlganini koʻksi aytgandegu, koʻkayi koʻnmaganiga, kimdir ikki tarsaki qoʻyib ketgandek, yoʻq, gapirmay oʻyadigan qattiqqoʻl turk mashoyixlariday yer suyatib, bir qarab ketgandek boʻldi. Olov chiroq axtardi. Tutashga, oʻchishga haqqi yoʻqligini anglar ekan, turish-turmushi titrab ketdi. Entikdi. Etaklarini yigʻishtirdi...

Choʻgʻni oʻt olishiga yordam bergan boʻldi. Shoʻr bosgan yoziqlar koʻzini ochishi, qadimiy soʻzlarni uygʻotishini koʻngliga solgandek boʻldi. Shamol yoziqlarini, tosh yoziqlarini, Samarqand yoziqlarini bolakayga qoʻshilib oʻqidi. Oʻqitdi. Koʻziga nur boʻldi. Imoratlardagi bitiklarni bosgan qurumlarni koʻchirib, jatmalarni kuydirib, tozalashga kirishdi. Tiriklikdan qarzini uzish lozimligini angladi.

Toʻngʻichiga Kun, oʻrtanchasiga Oy, kenjasiga Yulduz otini qoʻyganini, ergashgan, izbosar inilari Koʻk, Togʻ, Tengiz atalgan vaqtu soatni-da aniq esladi. Ularga atalgan qoʻshiqlarniyam:

Kun, Oy, Yulduz!
Tong sari senlar boring,
Koʻk, Togʻ, Tengiz!
Tun sari senlar boring!

Koʻk –qoʻrgʻon, Quyosh – tugʻ boʻlgan davrlar shamoli yodi, xayollar jamoli qumsovi, oʻylar ohangi shamoyili esdan ogʻdiradi.

Sezimlar uygʻonib oʻrmalaganini, chok-chokidan qaqragan, soʻkilgan choklar koʻklayotganini, koʻklanayotganini koʻngli tuydi. Unuttirilgan qoʻshiqlar hayo-huyi, quvgʻin etilgan oʻzlik vajohati, Afrosiyob koʻchalarida xoqonlar ovozi yurgan, daraxtlar gullagan va meva tukkan, olib qochilgan qizlar tugʻdirilgan, koʻcha toshlariga kunduz quyosh, oqshom oy oʻzini solib koʻrgan davronlar, Turon atogʻliq vaqtlarda otalar otini eshitganda poʻlat togʻlar suv boʻlib erib ketgan, dushmanligʻ zoti tiriklay, eson-omon bosh yelkada tiz choʻkishga ulgurganiga shukr qiladigan shukuh sirlarini bilishini bildirgisi keldi. Qoʻl berdi. Koʻksida qoʻrgʻoshindek botgan zanglarni jarillatib kuydirib koʻchirdi. Bolakay oʻqishi lozimligidan oʻzgani oʻylamadi. Koʻngildan tilga keltirish yuki bosdi. Qalamni boshini yemoq soʻrovi bosdi. Tosh bostirilgan, muzlatilgan xotiralar, ulkan qoyalar, sagʻanalar yoziqlarini yopish uchun urilgan parchinlar ushlovsiz, xom loy shuvoqdek palaxsa-palaxsa koʻchib, uzilib tusha boshlaganini, bitiklarga koʻzi yeta boshlaganini his etdi. Hozirgilar biladigan uch jahongirni dovu dovrugʻiniyam yakka shu shahar koʻrganligini, ikkisi–Iskandar va Chingiz buzmoqqa, birginasi tuzmoqqa kelganini birga koʻrganligi, ularni davralarida boʻlganligini-da esladi. Sarhalqa Hamadoniy qoʻsh qanotday bir yonida yassilik, bir qavatida gʻijduvonlik oʻspirinlarni olib, hozir oʻzi makon tutgan boshpanasida hayot tomchilarini tanish saboqlarini oʻtganini, bu tuproqda izlarining isi, peshonalarining izi qolganini yeru koʻkka bildirgisi keldi. Bir vaqtlar ogʻiz ochmay kulmak, koʻz ochmay jahonni koʻrmak, oʻtirgan oʻrnida dunyoni aylanib kelish, qimirlamay dunyolararo kezishni-da guvohi boʻlgandi. Xayol ham vujudni beshiktebratarday tebratishidan tuyundi. Umr doʻmbirasi, doirasi zarbini, xayollar ohangi, xayollar zarbini zarbul qadim usulidan avji turkka oʻtkazmasa, oʻtmasa boʻlmasligini angladi. Oʻzini oʻzi topmasa el topmasligini bildi. Choʻgʻdan sachragan uchqun xayolini toʻlqinlantirdi. Yurakkinasi shoshildi. Shodlandi. Koʻngilginasi koʻtarildi. Koʻzginasi yoshlandi. Uzoq taradduddan keyin xayolida gulxan yoqdi. Gulxan varaqlarida idrok hech qachon quvgʻin boʻlmasligini oʻqidi. Avvalda, osmondan tushganligi osmondan tushganday esiga tushdi. Chaqmoqqa qoʻshilib kelganini suholar aytgan boʻldi. Shunda, Onaqut, Onahut, Anaxit, Momoguldiraklar birga-birga osmonni nogʻora qilib chaldilar. Momoqaldiroq qahqahasi olamni tutdi. Chaqmoqlar chaqmoqday qoʻzgʻalishdi. Azot-azot, qarsillatib-qarsillatib qilich soldilar. Qora chodir yopinganiniyam, boshqasiniyam ayamadi. Chok-chokidan qaqratdi. Qoʻsh chaqmoq kelib ikki koʻz oʻrtasiga urdi. Koʻzlar ochilgandek boʻldi. Koʻzlar choʻgʻlandi. Xayollar choʻgʻlandi. Koʻksidan avval qora tutun chiqdi, keyin koʻklandi. Koʻkarib oʻrladi. Hurillab bir shamol keldi. Kunlardan soʻng, kechalardan soʻng vaqt boʻlganini yozgʻirib ketdi. Aksa urdi. Qoʻshilishib gʻuborlar chiqib ketgandek boʻldi. Bahridili ochilgandek boʻldi. Nafas olish osonlashdi. Yoqani qoʻyvordi. Quvvati, dami orta borayotganini yon-verdagi xas-xashaklar etak tortib qolganlaridan sezgandek boʻldi... Gʻayrat qildi. Egasi bor oʻchoqdagi olovday guvullamoq istadi. Guvulladi. Naqd Afrosiyobning eng baland tepaligida, yoʻq, osmonida chiroq yoqdi. Chiroq chiroqlarni yoqdi. Chiroqlar tomoshasiga yetmish qavat goʻristonning bosh chanoqlari ogʻzi ochilib chiqdilar. Qanshari oʻyilib tushgan, jagʻini yer yeb qoʻygan, peshonasidan qurt moʻralaganlar ham qatorda koʻrindi. Chanogʻidan ayrilgan jagʻlar ham. Koʻrarkoʻzga ehtiyoji boʻlmagan kallamushlar ham rizq terib ketdi.

Olov gurilladi. Otachiroq, Onaoʻchoq oʻz oʻrniga qaytganini yonoqlari yonib, koʻzlari porlab jar soldi. Katta otashlarga alanga boʻlmoqlikni, quvonchlar sachrab atrofga sochilishini, odamlar kaftlariga olgancha uylari tomon koʻtarib yuguruklashlarini, quvonishlarini sogʻindi. Choʻgʻ koʻzida oʻzini koʻrgandek boʻldi. Oʻzini tanidi. Yonmoqqa ilhaq yogʻochlarning qovurgʻalarini qarsillatib doshqozonlar qaynatishni, belanib-belanib, buralib-buralib, tovlanib-tovlanib yongisi keldi. Shu’lasi qozon boshiga egilgan oqdan - oq boʻysiralarning yoqalaridan moʻralamoq, yonoqlarida yonmoq, yenglaridan kirmoq, koʻksilarida yaltillamoq va bosh qoʻymoq, soyasi koʻrinmas turna boʻyli qizlarning boʻyi barovar boʻlib yoʻllarida yotmoq, koʻzlarida chulgʻanmoq, lablarida kuymoq zavqini tuydi. Tillarida tutab ketgisi keldi. Xayollardan xuzur topdi. Huzurlandi. Bir vaqtlar shaharga guras-guras olib kelingan makkacha qiligʻli, madinacha nafis, bobilcha lutfli hurlarning kulgilari quloqlari ostida qadimgidek jarangladi. Qoʻshilishib jon ham kirgandek boʻldi. Jon qoʻshilib toshgandek boʻldi. Beoʻylik oʻyilib tushdi. Ilkis noxush umr, nomuloyim tiriklik qoramoxov dudga aylantirgan kunidan orlandi. Nomus qildi. Uyatlandi.
– Yotgan yovga yoqar. Kovlanmagan choʻgʻ kul ostida qolib ketaveradi. Qoʻri pastdan tutantiriq olmaydilar,–dedi oxirida oʻziga-oʻzi, oʻz haroratidan hayratlanib. Shom yegan kun eshitib shoshib qoladi. Shafaq alvon koʻrindi. Koʻringani osmonlarga urdi. Urgani joyini topdi. Topgani topishdi.

Qircha Ustida

Qaro kunning boshida Katta enasi Samarqand soyasidagi Aliobod qishlogʻidan tengqur otadoshlari Sulton Boyqaro, Ijil Mirzo, Said Vaqqos, Suyurtgʻatmishni olib ugʻruq bilan Samarqandga joʻnaganlarini, oʻshanda faqat Ulugʻjonga shaharga kirishga ruxsat tegmaganini, oradan toʻrt yil oʻtib saltanat taxtiga oʻtirganda va qirq yil shaharni Katta otasi zamonidagidek yashnatib, oxir-oqibat, oʻz bolasi bilan betma-bet lashkar tortgan, yengilib shaharga qaytganida yana shaharga kiritishmaganini darhol angladi. Bu safar ishni oʻzi uzangi bergan, otga chiqarganlar koʻrsatdi. Oʻz oʻchogʻiga yana qayta begona boʻlganligini, taqdirning takrorlanishini kulib qarshi oldi, qismat shamolini tanidi. Dunyoning eng zoʻr olimlarini yigʻib, oʻzi otiga, nomiga soldirgan madrasada mudarris tayinlash uchun qilgan mashvarati, unda yuzga yaqin talabgorlar fikr bildirganliklari, Muhammad Xavofiy otliq notanish olimning ma’ruzasi, gap-soʻzini Qozizoda Rumiy ikkisidan oʻzga tushunmaganligini, oʻrtaga gʻavgʻo oralaganini, Rumiy hazratlari yosh olim fikrini ikki ogʻizda yetkazganini, yigʻilgan kattayu kichik notanish olimning fikri qaerlarga yetganini, qanday tushunish kerakligini lahzada anglatgan, tan berishganini-da esladi. Oʻzining ahvolini kim kimga tushuntiradi? Kim qanday tushunadi? Kim kuladi, kim kuyadi? Barini hisobini oldi. Nima boʻlganda ham endi Samarqandni qayta koʻrmasligini-da, Otachirogʻi oʻchmasligini-da sezdi. Dili kuldi. Koʻz oʻngidan Shohi Zindaga kiraverishida qurdirgan baland peshtoq ketmadi. Uni uzoq Hiriyda yashayotgan oʻgʻli Abdulatifni sogʻinib, uni otidan qurdirgandi.

Katta Otasi dunyoni olgani va qayta boshdan qurganini, nevarasi osmonlarni soʻraganligini, olganligini qimirlagan doʻstu-dushman tan olganligini, nima boʻlgandayam Katta Otalarga munosib boʻlganligidan, bulutlarni ot qilib mingan, osmon bilan gaplashgan, chaqmoq bilan bekinmachoq oʻynagan, oymomo bilan quvalashgan, yulduzlar uyigacha kuzatib, qoʻshilishib uyigacha kirgan boladay gʻururlandi.

Oʻshanda Otasi shaharni buzuqiliqdan tozalagandan keyin, qoʻshilib shaharga, Katta Ota dunyoning toʻrt tomonidan yiqqan deyiladigan xazinasiga kirganlarini, huvullagan zarbxona-yu, hayxotdek zarxonaning tuprogʻidan bosh chiqargancha iziga ilashgan yakka kumush tangani otasi: «Otamizdan yetgani shudir, yetkazganiga shukur» degancha kaftiga olgani, mavridi kelganda oʻgʻliga - Samarqand sultoniga ota yurtning eng yuragini, hisobsiz mol-mulk, benazir el-ulus bilan birga berganinida esladi. Oʻgʻil ham qirq yillik hukmronlik davri zamonasi muddatida omonatni tayin joyda saqlaganidan faxrlandi. Hozir ham shu tuygʻu bilan qoʻliga oldida yulduzlar soyasi tushmaydigan yoriqqa qistirdi. Dunyo soʻragan otalargaki oqibat qilmagan zar ungada oqibat koʻrsatmasligini allaqachon anglagan boʻlsada, Katta Ota xazinasi oqligʻini Samarqand tuprogʻida qoldira olganiga xursand boʻldi.

Samarqandga qayta-qayta qayrilib qaragancha ketayotgan hijrat, koʻchish karvoni shahar soyasidan ajralish vaqtida orqadan kelgan gʻonchilar uzangini tortganlarini, karvonboshiga bir muddat shoshmay turishlarini tayinlaganlarini, biron xilvatda kutib turishlarini shipshiganda hammasini tushingandi. Xilvat xarobada isinish uchun yoqilgan oʻrtadagi gulxan gunohkordek buyin egib, oʻzi bilan oʻzi jontalashib, nafas chiqarmay yonadi. Bir lahzalik dovdir, bexabar uchqunlar oʻzlariga sigʻmaydi. Olovga bitta-bitta oʻtin tashlab turgan Ulugʻ Olovning etagiga mittigina choʻgʻ sachrab chiqadi. Kuni kechagi quyoshda etagi hadsiz yurtni soʻragan etagni kuydirmoq boʻladi. Olov choʻgʻni qoʻliga olarkan, ovozsiz kuldi. Kulgini yetti qat osmon eshitdi. Yer titrab ketdi. Samarqand minoralari janozaga saf tortish taraddudiga yoʻlga tushdilar.

-Sen ham bilibsanda, degancha, erkalabgina yana choʻgʻlarga qoʻshib qoʻydi.

Yulduzlar bilan tillashgan, sirlashgan Ulugʻ Olov kun kelib ikki koʻzi qari nok shoxlariga osilgan xira chiroq sharpasi ostida yumilishiga sal achindi. Shukurda sajdaga borib, shukurda sajdadan bosh koʻtardi. Tanish shamol qadim qoʻshigʻini shivirlabgina aytib ketdi. «Qadr ma’lum, jins ma’lum...». Oxirgi marta tik oyoqda turayotganini bilgan Ulugʻ Olov Quyoshdek guvillab oʻrnidan qoʻzgʻalarkan Katta Otasi ishini davom ettirgani, unga munosib boʻlgani, Samarqandni abadul-abad yer yuzi jannati atalishiga hissa qoʻshganligidan hadsiz gʻurur tuydi. Etagi toʻla yulduz ekanliginiyam. Omonatni hamma ham vaqti soati kelganda topshiradiku. Bek yashash bor, bek oʻlim yoʻq deyishadiku. Oʻzi turdi. Oʻzi bordi. Oʻziga oʻzini topshirdi. Qaro urgan sharpalar atrofda uymalashgan boʻldilar. Bir koʻza suvning oqib boʻlishidek vaqt oʻtar oʻtmas qon toʻkilgan jondan guvillagan, sachragan joylardan miltillab sanoqsiz chiroqlar boʻy berdilar. Shahid chiroqlari. Chiroqni chaqmoq yoqdi. Shamol quvvat berdi. Yulduzlar oʻrinlarini, saflarini chiroqlar yonishlari oʻrniga toʻgʻrilamoqqa shoshildilar.

Ulugʻ Jon hamsuhbat topilganidan xursand boʻldi. Qircha ustidagi, yulduzlar dasturxonga toʻkilgan tutdek koʻrinadigan maydonda, biri shohlikdan, biri tutqunlikdan yulduzga aylangan ikki soʻnmas olov uzoq turib qolishdi. Uchi yer ostiga kirib ketgan, boshi osmonga yetgan renesans-sekstant marmarlariga soʻnggi bor qoʻllarini qoʻyishib oʻtishdi. Ulugʻ Olov Ajdar dumidagi Sher burjiga qaradi. Bitikka koʻndi. Ikkovlarida osmonlarni bezovchi chiroqlarga aylanayotganlarini angladi. Atrofni muhofaza olgancha shaytonlarni talvasaga solib uchayotgan yulduzlar shiddatiga qaradi. Keyin, Zarafshonni yoritgani, undan suv ichgani tushgan yulduzlarga qoʻshilib ketishdi. Azim daryo mansura aytib qoldi: «Jayxundan nega oʻtding, Abdulatif».

Tandir Ham Qiliq Chiqaradi

Tandirimiz, odatda ogʻziga oʻtin tiqilmagan vaqtlarda boshiga non sovutgich katta savatni qiyshiq qoʻndirib, bir cheti uchgan, jiriq labiga tirjayib turadi. Hozir ham shunday turipti. Nasib etsa ertaga qidirgani ketaman. Olovni zoʻridan beti oqarib, qoshiga qoʻshib, manglayigayam qora surkagancha yangi qiliq chiqargan tandirimiz kuzatsa kerak. Kelin tandir. Ogʻzini choʻqqa toʻldirib izimga qarab turuvdi, yuziga suv urilib qulogʻidan hovur chiqarkan, halizamon non yopishga tayyor boʻlishini, kulchalar yopib berishini, shoshmay turishimni, kulchasiz qoʻyvormasligini, hech qachon hech kimni quruq qaytarmaydigan shaharga quruq, xoʻshshayib bormaslikni tili tanglayiga yopishib, nafasi tiqilib tayinladi. Saharda avtobusga chiqaman. Bu borishim ikkinchisi. Birinchi sinfdaligimdayam borganman. Sariq «Paz»ik odatdagidek eskisi bilan qadim shahar oʻrtasidagi Qorabotirni goʻridek koʻrinadigan osma temir koʻprik yelkasidagi kaptarxonada toʻxtaydi. Avtobuschiga hozir kelaman deyman-da, toʻgʻri qadim tanish, shaharni qoshidek koʻrinadigan, uzoqqa ketgan bolasi yoʻliga qaragan otadek bir kafti hamisha peshonasidagi Hazrati Xizrga boraman. Ayvoniga chiqaman. Oyqortogʻ koʻrinadi. Oq sallasi pechini hilpiratib hamishagidek himo bergan boʻladi. Qoʻl koʻtarib yetib olganimni bildirgan boʻlaman. Shunda doim ilhaq togʻ, bilarini birovga aytmaydigan tosh, eng toza tushlarni eshitgan boʻlsa-da, oʻrguligu koʻrgiligini koʻringanga koʻrmana qilmaydigan suv, har joyda xozir, har narsani biladigan, odamni ichigayam kirib chiqadigan shamol, asl askarlardek sodiq archalar, barcha-barchasi har bir odamning kelishiga minglab yillar koʻz tikishlari, tikkanlari sezimdan oʻtadi. Ayniqsa, Olaparning yigʻlab boʻlgan qip-qizil koʻzlari shunday degandek boʻlaveradi. Enamni gaplari esimdan chiqib ketmasligi uchun takrorlab qoʻyaman. Koʻzimga hamma Samarqand boʻlib koʻrinadi. Men hammani yaxshi koʻraman! Samarqandni hammadan yaxshi koʻraman! Ammam kutib olsalar kerak. Oʻsmat Otaga kelganlarida har bir daraxtni oldiga borib, soʻrashib, otajon-enajonlab shoxlaridan olib, tozalab, dastalangan novdalar bilan Obirahmat yoqasiga oʻtkazib qoʻyib yaxshilab qoqib qoʻysalar kerak. Enam bergan surpni burda-burda qilib, bir uchidan yoqib, soʻngra ilonday oʻrlagan olovni boshimdan parillatib aylantiradilar ham. Birinchi oʻzlari, ikkinchi menga tuflatib suvga tashlaydilar. Suvni haqi emish. Yoziqsiz toza qogʻozni yoqib kulini yelga sochadilar. Shamol guvoh emish. Yoziqliq qogʻozni, yoziqni yoqib ham boʻlmasmish, koʻmib ham. Boshimni kaftlari orasiga olib: «Chiqmasang sanga nagʻlat, chiqarmasam manga nagʻlat», degancha gʻazovot qiladilar. Quloqlarni tortib gʻirtillatganlari yomon-da, ogʻriydi. Obirahmat suvidan betimga sochar ekanlar, orqangizga qaramay, qoʻrqmay ketavering, men yetib olaman, balajon, deydilar.

Enam aytganday qilib lashkar tuzaman. Bulutdan ot, shamoldan yuganim boʻladi. Togʻlar himo, yon bergan boʻladilar. Enam: gʻayrat qiling, balajon,– deganlar. Nafs bandasi qoʻrqqilikka arzimaydi. Qirqiga bir kesak. Ha, deng, balajon. Shamolingizga man sadaqaman...

Yelkam osha togʻlar, otalar nigohi, dimogʻim enamni hidiga toʻlgancha Samarqandni, yoʻq, Afrosiyobni, yoʻq, Otachirogʻni koʻraman. Yosh tirqirab joʻnaydi. Etagimda adogʻi koʻrinmaydigan bulutlar soqolini silkillatib kelayotganini xayol qilaman. Oq bulut oq otday, koʻk bulut koʻk otday koʻrinadi. Xayollarim suvratini bulutlardan yasab koʻrsatishlarini tomosha qilgan boʻlaman. Zarafshon quchoq ochib jilmayadi. Suvdan bosh koʻtargan quyosh avval peshvoz chiqadi, keyin tanishdek kuladi. Biz salomlashamiz. Enam: tushdan ziyodi xayolda boʻladi, xayolga kelgan narsa bor narsa, xayolga ehtiyot boʻling, odam xayol bilan tirik, yigit odam orqasiga qaramaydi, balajon,–deganlar. Uygʻonib ketaman. Enamning ertagu matallari, oʻqiganlarim, oʻngu tushim chalkashib ketdi. Xayollarim ham. Kechirasiz. Nasib boʻlsa, katta boʻlsam ayrit qilib, boshqavotdan aytib beraman. Gʻov labidagi supani supurib-sidirtirayotganlari, toʻshanchi soldirayotganlariga qaraganda qidirib kelgunimcha yoʻl qarab turadilar-ov. Matallarini sogʻinsam kerak. Hidlariniyam. Ayniqsa, Samarqand va Oymomo haqidagisini. U shunday boshlanadi: «Oy sovugʻi hurillab keladi. Qor uchqunlari togʻ boshiga oyday qilib oy rasmini soladilar. Shundan Oyqor atogʻliq boʻladi. Oy Oyqorni pana qilib Samarqandga qaraydi. Yaqin borsa opa-singillardek urishib qolishadi. Kim chiroyli deb. Yulduzlar qatorlashib belgi bergan boʻladilar. Ishini qilib boʻlganlari qismatu qargʻish toshlariga doʻnadilar. Samarqand hovuzida hurlar soch yozib suhbat quradilar. Yuzlari kunga, sochlari tunga ulangan boʻladi. Chiroylaridan oy husn olganmish. Husnlarini Samarqandga solishtirishdan uyalarmish. Sulaymon piroqiday yetib kelgan shamol oʻrtada gap yetkazib, borib-keb turadi. Chaqmoq xat-qalam yuritadi. Koʻchaga devona shamol ega chiqib supirgan, koʻk bulut suv urgan boʻladi. Sozandalar boshligʻi Choʻlpon yulduz cholgʻusini qoʻliga oladi. Osmon kuyga toʻladi. Qoʻshiqqa toshadi. Samarqand qoʻshigʻiga. Har zamon-har zamon tanish axtarib, koʻz qisib qoʻyadi...»

Ana shu joylari zoʻr-da. Eshitganingdan keyin qoʻshilishib ketging keladi. Qoʻshigʻini nasib etsa yanagi safar aytib berarman. Afrosiyob koʻksimdan joy qidirgandek boʻlaveradi. Koʻksimga sigʻmay ketayapti...

Endi odamlar: «Ish qanday?»–deyishsa, «Samar qandday», deyman. Samarqandga Samarqandday kirib boradilar. Bularni oʻzim oʻylab topganman. Siz ham shunday deyishingiz, shunday qilishingiz mumkin. Koʻnglingiz koʻtarsa, albatta.

Ilhaq Tong Qoʻmsovi

Oʻzlikni anglash shamolining oʻng esganini sezgan, suvi qochib quriqshagan yuragi avval oʻpkasi toʻlib hapqirdi. Keyin, halqumidan chopib chiqqan jonni bir amallab qayta yutdi. Jon shirin koʻrindi. Jonni qizgʻondi. Endi qoʻyvorsa boʻlmasligini tushuntirish tilini topolmadi. Havosini, yoʻli, hangi, qalovini topolmadi. Tanglayiga yopishgan tilni qoʻtarishga quvvat «ha» deganda kelavermadi. Birda sha’nga koʻmilgan, birda qaroga burkalgan uzoqdan uzoq umrida birinchi bor koʻzini yummay tong ottirgisi keldi. Tong ertasiga ilhaq boʻldi. Koʻzni ilmoq, yummoq istamadi. Xuddi uzoq shaharda musofir oʻgʻlini mustar kutadigan mushtipar onaday tong yoʻliga koʻz osdi. Yumsa ocholmay qoladigandek boʻlaverdi. Hayollari tushga aylanishini, tushlar bir kun kelib doʻnishini tiniqayotgan aql aytgandek boʻldi. Issiq-sovuq shamollar ilma-teshik qilib parpiratayotgan bori-budini, vujudini qachondir tark etgan, biri istab, biri istamay bosh olib ketgan nimalardir bitta-bitta oʻz oʻrniga qaytib kelayotgandek, oʻz oʻrnini paypaslagancha tozalab, endi ishni nimadan boshlash, qaerdan davom ettirishni bilmagandek, yelka ustida boshligi qolmagan qaroligʻdan topshiriq kutayotgandek boʻldi. Ich-ichi toʻkilib boʻlgan, baqraygan koʻz kosalari, sovib qolgan boshining huvullagan qarodan-qaro yoʻlaklariaro bir iliqlik oʻrmalagandek boʻldi.

Shu holiga tush koʻrmak istadi. Tush ham yuviqsizni tanlamasliginida esladi. Siyobga - Su Yobga tushib borishga yoʻl uzoq. Salkam oʻzi tengli Hazrati Xizr maschiti soʻlidagi quduq labida tazarrudagi kapalakdek qoʻnishibgina sargʻayarkan uzoq oʻtmish qarida qolib ketgan tashlandiq, sagʻirak xotiraday xiradan xira yaltirayotgan suvga oʻzini soldi. Suv avvaliga tanimadi. Changi-chung, loyu-loyqa bosgan, xasu-xus sanchilgan koʻzini zoʻrgʻadan zoʻrgʻa ochdi. Boshida chiroq yoqib turganning shovuri, sharpasi, oʻxshovi, qarosi tanimol koʻrindi. Avvaliga qaerdadir bir koʻrgan koʻztanishdek tuyuldi. Naqd tanigach, oʻzinida oʻzganida gunohlaridan kechgan sodda kelinchakdek chehrasi ochilib yalt etib aks berdi. Olov suvda oʻzini koʻrdi. Olovda Suvda birlashdi. Birlashmasa bir-birini qoʻllamasa boʻlmasligini birdek, teng ilgʻashdi. Tabarruk sinov - tiriklikka qilingan beparvolik gunohlarining kechirilganiga bir ishonib, bir ishonmay nimalarni toza qilmaydigan Suvga, nimalarni poklamaydigan Olovga toʻrt koʻz oʻzaro hayron, aytishga soʻz topisha olishmasada boshi lippilab, koʻksi toʻlqinlanib bir-biridan uzr soʻragan, kechirgan boʻldilar. Tubsiz quduqdan jandasini qoʻrga tutib tozalagan devonaday soyasiz oʻrlagan Olov, umidvor koʻzini koʻkka qadagancha koʻksi qalqib, yaltillab nur taratib kuzatgan Xazrati Xizr qudugʻidagi Su boʻldi.

Qari Olov tush koʻrmoq ilinjida qadim joyiga joylashdi. Koʻzini ochgancha tush koʻrmoq istadi. Atrofida porillayotgan minglab chiroqlarga bir koʻngilda omonatidan boshqa qarzlarini uzib boʻlgan, qilar ishi qolmagan mashoyixday, bir koʻngilda ular safida boʻlishni istagan oʻspirinday qaradi. Qaro tunning bunchalik uzunligini hech bir davri zamonda sezmagandi. Shunchasi bir boʻldi-yu, shu kecha bir boʻldi. Davri-dun boshingga naqd yukini paqqos ortganida lahzaning uzunligi bilinarkan. Koʻkay bir xabarni ilgʻaganda vaqt toʻxtab qolarkan. Hozir shunday boʻldi. Osmondagi har bir yulduz bilan gaplashib chiqdi. Sirlashdi. Har birini paydo boʻlgan kuninida koʻzlaridagi yara-chaqalardan sanab bildi. Tongni kutdi. Tongni kutish zavqi azobi, hayratini tuydi. Yoʻq. Kimdir: «Tong chiroyligʻ, tongni kut» deb ketdi. Azob shundan keyin boshlandi. Jonni orziqtiradigan, aqlni dovdiratadigan, koʻzlarda yoshlarni tirqiratadigan, duv-duv toʻkilishdan keyingi yengillikni tuyish azobi, hayrati shundan keyin boshlandi. Koʻzi ochiq jonzot tush koʻrmasligi, tush koʻrish uchun yummoqlik shartini boʻyniga olmadi. Oʻz istagicha tush koʻrmoqni qadim oʻr qalbi niqtayverdi. Bir vaqtlar tong ertasi shamolning hurillab kelishini xush koʻrishini, koʻksiga tegsa gurillashini, boʻron bilan ermakka olishishini tush koʻrmoqchi boʻldi.

«Oʻzni qutqarmoqqa shoshilish» haqidagi aytuv ovozasi osmonlarni aylanib kelib, osmonlar havas qilgulik gumbazlarga bosh qoʻyishlari bilan bir vaqtda ikki qoʻltigʻidan quchoqlab azot koʻtarib urgan boʻronning qiligʻi avval gʻashini, keyin gʻayratini qoʻzgʻadi. Tushmi oʻngligini ayrit qilolmay, ajrata olmay boshi bir zum gʻuvulladi. Baqraygan koʻzlariga boʻronning shiddati usma-ust urilganidan keyingina xayoli oʻziga keldi. Alamiga chogʻi kelganda kiftiga olib uzun boʻyin, yer bilan bitta qilib tarsillatib urmasa boʻlmas. Xuddi, huv bolaligidagidek boʻronman deganni oyogʻini yerdan uzib, boshi uzra bir aylantirib sulaytirib urmasa boʻlmas. Koʻzini tindirib yulduz sanashini koʻrmasa boʻlmas. Ikki yelkasidan bosib, ogʻziga ogʻzini qoʻyib, ogʻzini kuydirib nafasini qismasa boʻlmas. Ha, shunday qilmasa boʻlmas.

Kunchiqar betda Quyosh oyna tutib ilhaq turganini ilgʻadi. Oʻzini solgandi Quyoshda bolaligini koʻrdi. Bek bolalagini, begidir, bahodir bolaligini koʻrdi. Urgʻushtak oʻynagan erkadan erka bolaligini koʻrdi. Bolalikka aylanganini koʻrdi. Oʻzini oʻzi tanidi. Oʻzini oʻzi topdi. Topganidan xursand boʻldi. Xursandligini olamga bildirgisi keldi. Bildirdi. Xursandligidan xoʻrsinganligini, boʻgʻzi toʻlib, koʻzi toshib xoʻrsinganligini daydi shamol soʻrovsiz qayoqqa haydasa shu yoq ma’qul koʻrinadigan, oyogʻi yerdan, tili elidan uzilgan bir parcha olabulutgina bilmadi.

Tong oqarib keladi. Yangi Quyoshning taram-taram tolalari, yogʻdulari kimga Oqdalaning katta yoʻlidek kengdan-kengish, kimga Tangi daraning dor yoʻlidek toru-tang koʻrinadi. Yoʻl kimdan qolmagan deganlar. Talashmaydilar. Ozning koʻpini tong bilan ishi boʻlmaydi. Hamishagi nozirgʻagan na shamolu na toʻzon devona boshini qaerga urishni bilmaydi. Bir koʻziga nam tepgan, biriga nam urgancha ostona hatlolmay mustar boʻladi. Chin shamolman degani tong ertasi hurillab bir kelsin gurillashning qolganini shunda koʻrasiz.

Oʻngu-tushu, xayollarni yigʻib-terib tiriklik atalishini birda bir qaerdadir, kimdandir eshitganday boʻluvdi-ya. Uniyam bir kuni eslaydi. Shoshmang. Shunchasini esladiku. Esi bor bolani koʻp tergayvermaydilar. Otam aytgan.

2010-2011 yil.
Toshkent-Moskva-Toshkent