OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBahodir Sarimsoqov
Asar nomiUnutilgan odam (tugallanmagan qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Bahodir Sarimsoqov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Unutilgan odam (tugallanmagan qissa)
Bahodir Sarimsoqov

Bu yil bahor kechikibroq keldi. Qishning qahrli panjalari bahorning nozik va soʻlim qanotlarini jon-jahdi bilan qayirib, koʻkka parvoz qilishiga imkon bermasdi. Yilning bu koʻrkam faslini intiqlik bilan butun mavjudot kutar edi. Ammo oʻjar tabiat oʻz hukmini shafqatsiz ado etib, na dalalarga, na dov-daraxtlarga, na odamzodu na boshqa jonzotlarga iliqlik baxsh etardi.

Shahri azim Toshkent uzra qora bulutlar suzar, tez-tez yomgʻir quyib turardi. Bunday kezlarda kishi ne qilarini bilmay diqqinafas boʻladi; qoʻli na ishga boradi, oʻy-fikri na biror narsani ilgʻaydi, tili na iliq bir soʻz aytadi – u chippa-chin karaxtu gungga aylanadi.

Sobir Karimovich uchinchi qavat derazalari ostiga mahkamlangan tunukaga tinimsiz urilayotgan yomgʻir ovozidan uygʻonib ketdi. Qoʻlini uzatib stol ustidagi elektr chiroqning tugmachasini bosdi. Nogahon charaqlagan yorugʻlikdan koʻzlari qamashib ketsa-da, xobtaxtasi roʻparasiga ilib qoʻyilgan soatga qaradi. Beshdan yigirma daqiqa oʻtibdi. Demak, roppa-rosa ellik minut uxlabdi. Bir kecha-kunduz mobaynida ellik daqiqa uyqu. Axir tabobat insonga qancha vaqt uxlashni tavsiya etadi. Sakkiz soat. Biroq Sobir Karimovich oʻttiz yillardan buyon sakkiz soat uyqu nimaligini bilmay yashaydi. Uning rosa miriqib uxlagani uch-toʻrt soatdan nariga oʻtmaydi.

Boʻldi, bas, xayolga berilmaslik kerak. Ajab emas, xudo oʻz bandalariga tuhfa etgan uyqu atalmish ne’mat unga bu kech yana nasib etsa. Sobir Karimovich elektr chiroqning tugmasini bosdi, xonani yana zulmat qopladi. Devordagi soatning bir maromda chiqillashi-yu, tunukani chertayotgan yomgʻir tomchisining ovozigina tungi sukunatni buzib turar, goʻyo butun koinot shu ikki tovushnigina jimgina tinglayotganday...

U shu alfozda qancha vaqt yotdi bilmaydi, nazarida uzoq yotdi. Koʻzlarini qattiq qisganidan qovoqlarida allaqanday ogʻriq sezdi. Nihoyat sabri chidamay koʻzini ochdi va yana chiroq tugmachasini bosdi. Soat beshdan oʻttiz besh daqiqa oʻtibdi. Oʻrnidan turdi, stol ustida turgan koʻzoynagini ilib, chiroqni oʻchirdi va deraza pardalarini ikki yoqqa surib tashladi. Xona subhi sodiq nuridan yorishdi.

Tashqariga qaradi. Hali barg chiqarishga ulgurmagan daraxtlar yomgʻir ostida mungʻayib turardi. Qarshidagi uyning ayrim derazalarida chiroqlar koʻrindi. Demak, ular ertaroq biror yerga boradiganlar yoki ish joylari olisroq boʻlgan kishilar. Balki ayrimlari shaharga keluvchi qarindosh-urugʻlarini, tanish-bilishlarini kutib olish uchun temir yoʻl vokzali yoki tayyoragohga chiqishar. Kim bilsin, ulardan ayrimlari xuddi oʻzi kabi uyqusizlik azobidan qiynalayotgan kishilardir...

Sobir Karimovich uzun yoʻlgilam solingan dahlizga chiqdi. Nozik stolcha ustidagi qizil rangli telefon ham sukut saqlaydi. «Oʻzi ishlayaptimi bu?» Sobir Karimovich telefon dastagini koʻtardi, dastak ichidagi qizil chiroqcha yonib, tiniq ovoz eshitildi. «Ha, ishlayapti. Demak, senga sim qoqadiganlarning oʻzi yoʻq». Mana, bir haftaki, zamonaning bunday beminnat xizmatkori miq etmaydi. Bir vaqtlar, albatta, u vaqt­lar boshqa telefon edi, qora va qoʻpolroq koʻrinishda edi, ammo tinimsiz jiringlar, hatto bemalol ovqatlanishga ham imkon bermas edi.

«Alo-alo, Sobir Karimovichning xonadonlarimi? Assalomu alaykum, domla. Kechirasiz, bezovta qilganim uchun. Men Samarqanddan kelgan edim. Maslahatli bir ish chiqib qoldi, domla. Uyga boraveraymi yoki ishxonaga oʻtaymi?..»

«Alo, salom alaykum, domla. Bugun soat oʻn toʻrtda ilmiy kengash boʻladi. Siz kelmasangiz boʻlmaydi. Shuni eslatib qoʻyay devdim. Uzr, domla, bezovta qilganim uchun...»

«Alyyo-alyyo, Sobir Karimovich! Azizim, qadrdonim, bormisiz? Soat oʻn sakkizu nol-nolda choyxonada kutamiz. Bir otamlashaylik. Juda-juda suhbatingizni sogʻindik...»

Sobir Karimovich yap-yangi telefonga gʻamgin boqar ekan bir vaqtlar oʻzining naqadar qadrli, e’zozli ekanligini eslab, endi esa butunlay tashlandiq bir ahvolga tushib qolgan buyumdek boʻlib qolganligidan yuragi bir-ikki marta sirqirab ketdi. Darhol xayolini oʻzga narsalar bilan chalgʻitdi, lekin yana bir zum oʻtmay oʻzining gʻaribona holatiga qaytdi.

Ha, azizim, oʻzingni ovutib nima qilasan? Endi sening kimga ham keraging bor? Sen bor kuch-gʻayratingni ilm ravnaqi uchun ayamay sarflagan, bor bilimini shogirdlariga hovuchlab sochgan, sogʻligʻini ziyo taratish yoʻlida adoi tamom qilgan nimjon, aftodahol, hech kimga, hattoki yaqin jigarbandlaringga ham keraksiz odamsan. Bugun seni joningdan ham yaxshi koʻradigan na shogirdlaring, na doʻstlaring va na raqiblaring eslashadi. Sen endi tamoman unutilgan odamsan. Buni teran anglab yetishing, shu holga koʻnikishing va soʻnggi safar tadorigini koʻrib, qazoyu haqning kelishini kutib yashashing kerak.

U yolgʻizlik azobida ingranayotgan, sirqirab nola chekayotgan yuragiga malham berish uchun telefon qutichasi yonidagi shishachadan bir dona hap dorini tilining ostiga tashladi. Bir ozdan keyin yuragi sal qoʻyvordi. U uch xonali uyning har bir xonasiga har joy-har joyga shunaqa hap dorilar qoʻyib qoʻygandi. Bu uning sevimli rafiqasi Nigoraning vafotidan keyin oʻylab topgan tadorigi edi. Chunki yuragi bexosdan siqib qolsa, har joyda uning qoʻliga dori shishasi ilinsin deb qilingan ish edi bu. Hozir ham bu tadbirkorlik unga qoʻl keldi.

Sobir Karimovich behol oʻzini yumshoq kursiga tashladi, ikki qoʻlini kursining ikki qanotiga tashlab, boshini suyanchiqqa qoʻydi va jimjimador gullar bilan ishlangan shiftga qarab oʻyga toldi.

Bundan rosa qirq yil muqaddam mana shu uch xonali uyga koʻchib kelgan kunlarini esladi. Endigina chopqillab yuradigan egizak qizlari hali u xonaga, hali bu xonaga shovqin solib kirishar, qiqirlab kulishardi. Unda bor-budlari bir stol, toʻrtta stul, besh-olti koʻrpayu bitta chogʻroq gilamdan iborat edi. Qolgan boyligi esa kitob, kitob va kitob edi. Axir bu qizaloqlar birovning bir xonali zax uyi­da ijarada uch yil yashashdi. U yerda ovozlarini qattiqroq chiqarib kulishdan ham mahrum edilar. Xonadon egasi shundoq yonginasidagi besh xonali baland oynavand ayvonli dangʻillama uyda turardi. Elliklardan oshib qolgan, umrida biror farzand koʻrmagan bu ayol bir qarasang, oʻta saxiy va rahmdil, bir qarasang, oʻta ziqna va johil edi. Johilligi tutgan onlarda qizaloqlarning kulgisini eshitishi bilan oʻshqirib kelardi:
— Voy-voy , jonimdan toʻyib boʻldim. Qon bosimim oshib ketdi, qachon bir tinchlik kun boʻladi. Bu kelgindilarga rahm qilaman deb, oʻzimga jabr qildim. Boʻldi, boshqa sabrim qolmadi. Ertagayoq joy topib chiqib ketinglar! Bunaqada oʻlib qolish hech gap emas! Gap ? shu, vassalom!
— Xoʻp, ayajon, xoʻp! Ertagayoq joy topamiz, ? der edi Sobir jonini hovuchlab.

Mana shundan keyin Sojida oyi bir oz tinchlanib, oʻzicha vaysab uyiga kirib ketar edi, ammo uning beayov otayotgan soʻzlari Sobirning yurak-bagʻrini oʻrtab yuborar edi.
— Shu kuningdan oʻlganing yaxshi. Senga kim qoʻyibdi ikki bola bilan olim boʻlishni. Koʻrpangga qarab oyoq uzatsang boʻlmaydimi? Qargʻa burgut boʻlishni orzu qilgandek bu qishloqi – kelgindi olim boʻlishni istab qolibdi. Voy, sening karomatingdan oʻr­gilay. Sichqon sigʻmas iniga, gʻalvir bogʻlar dumiga!..

Mana shunday soʻzlar ne-ne azoblar bilan erishgan aspirantura shodliklari, orzu-istaklari ustidan muzdek suv quyib yuborar; har bir haqoratomuz aytilgan soʻz uning nozik yuragiga nishtardek qadalib, ogʻriq berardi. Uni ogʻir va beadad oʻy-fikr bosardi. Ertaga yana kimlarning eshigini qoqadi, yana kimlarning koʻziga mungʻayib qarab, siniq va ayanchli ovoz bilan boshpana soʻraydi. Ijara soʻrab borgan eshigining sohibi yumshoq «yoʻq» desa-ku mayli. Ammo ayrimlari gʻazab-nafrat bilan boqib, achchiq soʻzlar bilan jerkib tashlaydi. Yo, tavba qildim. Ishqilib shundaylari uchramasin.

Qizlaridan birini Sobir, birini Nigora bagʻriga bosganlaricha dahshatli sukunat bagʻriga singib ketardilar. Bechora goʻdaklar nochor ota va onalari bagʻrida oʻksinib uxlab qolardilar. Bu orada quyosh botib, uyni zimiston qoplardi. Hech kimda turib chiroq yoqishga majol qolmasdi. Ular hatto uvol goʻdaklarning shirin uyqulariga xalal bermaslik uchun ham jim oʻtiraverardilar, oʻtiraverardilar, oʻtiraverardilar.

Oradan qancha vaqt oʻtganini bilib boʻlmaydi. Aslida samarasiz oʻtayotgan bunday vaqtlar Sobir uchun ham, Nigora uchun ham achinarli boʻlmasdi. Chunki musofirchilikning iztirobli, oʻksikli onlari; nochorlik va noilojlikning tubsiz dard-alami faqat shunday paytlarda – sevimli jigarbanding bagʻringda miriqib uxlaganda bir oz unut boʻlardi. Bagʻringda gupillab urib turgan murgʻak goʻdak yuragi sening dil yaralaringga malham boʻlardi, haqoratu ta’nalardan zada boʻlgan qalbing quvvat olardi, ruhing tetiklashib, yana yashashga, yana hayotga tashnalik sezardi. Mayli, nima boʻlsa boʻldi, tong otsin-chi, peshonaga yozilgani boʻladi-da. Qismatidan kim ham qochib qutulganki, men qutulsam...

Sokinlik Qudrati

«
Bilmayman, yashayotganim uchunmi yoki yashay olmaganim
uchunmi bir yigʻi zabt etadi butun vujudimni.

Bahodir Sarimsoqov
»

Inson umri oqar daryo, vaqt esa oqizoqdir. Bugun bor inson erta bir kun foniy dunyodan boqiylik sari yoʻl oladi. U haqda xotiralar-u esdaliklar qoladi. Ehtimol bu xotiralar bir yoki ikki avlod, boringki, uch-toʻrt avlod doirasida tilga olinar. Oxir-oqibat kelib, ular-da soʻnadi. Bunday xotiralar inson «inson» deb tan olinibdiki, qator-qator taxlanadi. Qator-qator oʻcha boradi. Lekin shunday xotiralar mavjudki, ular yillar, asrlar osha nafaqat yashaydi, balki oʻrganiladi ham. Jumladan, olimlar, ularning asarlari, koʻrgan-kechirganlari haqida yaratilgan, yaratilayotgan va yaratilishi mumkin boʻlgan xotiralar, agarda chuqurroq mushohada qilinsa, xotira qobigʻidan chiqib, tom ma’noda olimning ijodidan, uning uslubidan darak beruvchi kontseptsiyaga aylanadi.

Zabardast olim, filologiya fanlari doktori Bahodir Sarimsoqov nisbatan qisqa umri davomida oʻziga xos ilmiy dunyoqarash, oʻziga xos izlanish, hattoki, oʻziga xos akademizmga ega boʻlgan faoliyat bilan shugʻullandi. Uning ilmiy izlanishlari nafaqat oʻzimizda, balki Turkiya, Germaniya kabi bir qator chet mamlakatlarda ham tan olingan hamda oʻz izidan koʻplab ilm toliblarini yetaklagan. Bunday izlanishlar sirasiga «Oʻzbek adabiyotida saj’» (1978), «Adabiyotshunoslik terminlarining ruscha-oʻzbekcha izohli lugʻati» (1979), «Oʻzbek marosim folklori» (1986), «Adabiyot nazariyasi» (2000), «Badiiylik asoslari va mezonlari» (2004) kabi va yana bir qator kashfiyot darajasidagi asarlarini kiritishimiz mumkin.

Xalqimizda: «Otang bolasi boʻlma, odam bolasi boʻl», ? degan naql bor. Shu oʻrinda biz farzandlar oʻzimizni aynan otamiz farzandi ekanligimizdan baxtiyor sezamiz. Chunonchi, otamiz olim boʻlishi bilan birga chinakam inson ham edilar. Ulardagi soddalik, mehribonlik, mardlik, tantilik hali hanuz biz farzandlar uchun ibrat timsoli boʻlib qolmoqda. Zero, ular ilmda boʻlgani kabi hayotda ham oson yoʻl tanlamadilar. Oʻn ikki yoshlarida onadan yetim qolgach, mustaqil holda oyoqqa turishni, hayotni, insonlarni oʻrganishni boshladilar. Umr pogʻonalari osha birin-ketin muvaffaqiyatlar qozona bordilar. Biz farzandlarini ham xuddi shunday yashashga, insonlarni tushunishga, hayot mohiyatini anglashga uni qadrlashga oʻrgatdilar. Oʻz nav­batida biz qanday savol bilan, qanday vaziyatda murojaat qilmaylik barcha savollarimizga ulardan ham ilmiy, ham mantiqiy toʻlaqonli javob olardik...

Otamiz hayot boʻlganlarida bu yil oltmish sakkizinchi bahorni qarshilagan boʻlar edilar. Afsuski...

Zero, birgina yupanch ushbu kunda koʻngilga tassali beradi. Bu ham boʻlsa, ulardan qolgan shirin xotiralar-u yozma yodgorliklar. Darvoqe, otamiz ish stollarida e’lon qilinmagan bir qancha maqolalar, hikoyalar, shu bilan birga «Unutilgan odam» nomli tugullanmagan qissa qoʻlyozmasi qoldi. Mazkur qissani jurnalxonlar e’tiboriga havola etarkanmiz, umid qilamizki, mushtariylarimiz ona tilimiz va adabiyotimiz jonkuyari boʻlgan atoqli olimning ma’naviy dunyosi haqida ham muayyan tasavvurga ega boʻladilar.

Nargis Sharopova