OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBakir Yulduz
Asar nomi«Germaniyada ishlab chiqarilgan» (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Postmodernizm
Mualliflar
   - Bakir Yulduz
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHikoyat Mahmudova
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Germaniyada ishlab chiqarilgan» (hikoya)
Bakir Yulduz

Tobutni barakning tor-tanqis eshigidan olib chiqishayotganda, turklar gʻuj boʻlib olishdi. Xuddi marhum eshitib qoladiganday hadiksiragan shivirlash eshitildi:
— Oldini tushiringlar!

Haligi odam aytganday qilib, ming mashaqqat bilan eshikdan chiqishdi. Hovliga chiqishgach, odamlar yengil nafas olishdi. Yomgʻir savalamoqda edi, lekin tobutning atrofida turgan turklar uni hatto sezishmasdi ham. Moʻ‘jazgina hovlidan tobutni yelkaga olib, yoʻlga tushishdi.

Agar yakshanba boʻlmaganda italyanlar ham, ispanlar ham motam marosimini koʻrmagan boʻlishardi. Tobut koʻtarganlar ispanlar istiqomat qiladigan barakka yaqinlashganda, uning derazasidan ilk tomoshabinlar koʻrindi. Marhumga koʻzlari tushishi bilanoq odamlarning yuzi choʻzilib, oqarib ketardi. Ular ham begona yurtda bir nechta oʻrtoqlaridan ayrildilar, shuning uchun ham ona yurtdan olisda judolik juda ham ogʻirligini his qilishardi, marhumning ruhi ulkan masofani bosib oʻtib, vataniga qaytishga ojizlik qilardi. Marhumning oʻzi esa begona tuproqda abadulabad qolib ketadi, bu yerdagi togʻlar ham, vodiylar ham, daryolar ham oʻzgacha. Mana shu yerda dafn qilingan uning jasadi oʻzgacha soʻzlaydigan, oʻzgacha fikrlaydigan, shuningdek, oʻzgacha turmush tarzi kechiradigan, tom ma’nodagi, begonalar tomonidan bosib-yanchib tashlanadi.

Markaziy barak eshigidan bir ispan chiqdi-da:
— Kim oʻldi, amigo?— deb soʻradi.

Xuddi uning savolini eshitmaganday hech kim unga qayrilib qaramadi:
— Biz ham boramiz, amigo! Bunday paytda ispan, turk, deb millat ajratish gunoh.

Ispanlar tezkor odamlar. Mana, zum oʻtmay oʻn-oʻn, beshta odam koʻchaga yugurib chiqib, marosimga qoʻshildi. Ishchi shaharchasining darvozasidan tashqari chiqishgach, turklar tobutni yuk mashinasiga ortishga yoʻl qoʻymadilar.
— Marhumni mozorgacha oʻzimiz koʻtarib boramiz,— deya ma’yus javob qilishardi hech qanday nasihatlarga koʻnmay.

Yomgʻir chelaklab quyganday yogʻa boshladi. Tobut yomgʻirda shishib tobora ogʻirlashayotganga oʻxshardi. Hamma suyak-suyagigacha ivib ketdi. Lekin turklar oʻz ahdlarida qat’iy turib:
— Oʻzimiz olib boramiz...— deyishardi.

Fabrika direksiyasining vakili soyabonini toʻgʻriladida, tarjimonning qulogʻiga bir nima deb shivirladi, aftidan, yon bosishga qaror qildi, shekilli.
— Yaxshi,— dedi tarjimon,— markaziy koʻchagacha tobutni koʻtarib borishlaringiz mumkin, lekinu yerda bari biram uni yuk mashinasiga ortishga toʻgʻri keladi.

Yuk mashinasi tobutkashlar ortidan sudralib kelmoqda edi. Markaziy koʻchaga chiqqach, toʻxtashdi. Yemgʻir tinay demasdi. Agar yomgʻir yogʻmaganda, turk ishchilari oʻzlarining dastlabki ahdlaridan qaytishmagan boʻlardi.
— Ha, mayli,— deya rozi boʻlishdi ular nihoyat,— yuk mashinasiga ortsak, orta qolaylik. Lekin biz bari bir mozorgacha boramiz.

Mas’ul vakil rozi boʻlganday bosh qimirlatib qoʻydi,

Tobut ortilgan yuk mashinasi ohista mozor tomon yoʻnaldi.

Uning ortidan turklar, ispanlar, bir nechta italyanlar borishardi.

* * *

Marosim shahar chekkasida joylashgan qabristonga ham yetib keldi. Tobutni yuk mashinasidan tushirishdi. Uni yelkaga olib, oldilariga tushib yoʻl koʻrsatayotgan nemis cholning ortidan qabriston boʻylab keta boshlashdi. Yaxshilab obod qilingan katta-kichik qabrlarni ortda qoldirib, ular suv yuvib ketgan, yerdan poydevori chiqib turgan eski bino kiraverishida toʻxtashdi. Mas’ul vakil choldan nimadir soʻradi. Toʻrtta odam tobutni keng-moʻl eshikdan ichkariga olib kirib ketdi. Olomon tashqarida qoldi: gangib qolgan odamlar endi nima qilishlarini bilmay turishardi. Ichkarida nima boʻlayotganini bilish uchun binoga kirishmoqchi boʻlishuvdi, lekin tarjimon ularning yoʻlini toʻsdi:
— Siz oʻz ishlaringizni qilib boʻldingiz. Qaytishlaringiz mumkin.

Lekin ular ketishga jur’at qilishmasdi. Ular hech boʻlmasa ichkariga kirib ketgan oʻrtoqlarini kutishga qaror qilishdi.

Birmuncha vaqt tobutni keng xira yoritilgan koridorda nemis cholning ortidan koʻtarib borishdi. Koʻkimtir rangdagi katta-katta xarsang toshlardan qurilgan devorlar odamlarning yuraginn iskanjaga olardi. Eski keng moʻlgina zalga kirishdi. Kiraverishdagi devorning qarshisiga uncha katta boʻlmagan supacha qurilgandi. Tobutni oʻsha yerga qoʻyishdi. Jasad buzilib qolmasligi uchun nemis chol tobutning qopqogʻini ochib qoʻydi. Tobutni koʻtarib kirganlar marhumning boshiga koʻzlari tushishi bilanoq joylarida tirrakdek qotib qoldilar. Oppoq sochlar tikkayib turganidan, xuddi dagʻalga oʻxshab koʻrinardi. Marhumning gunafsharang lablari esa shishib ketganidan bir-biriga mingashib qolgandi.

Turklar qimirlashga hollari kelmay turishardi. Chol birpas kutib turdida, keyin nemischalab nimadir deb eshikka yoʻnaldi. Odamlar uyqudan uygʻongandek choʻchib tushishdi. Ular zaldan chiqib ketishayotgan paytda, ulardan biri chidolmadida, orqasiga oʻgirilib yana qaradi. Balki u Ragip amaki tobutdan boshini koʻtarib, uning ortidan qarayaptimikin, deb oʻyladimikin. Yoʻq, oʻlik uni qanday qoldirgan boʻlsalar oʻsha holda qimirlamay yotardi. Shunday boʻlsa ham orqasiga oʻgirilishga jur’at qilgan turk oʻrtoqlari sezmagan nimanidir sezganga oʻxshardi. Ragip amakining chehrasida oʻz vatanida, ota-bobolari tuprogʻida dafn qilinish, shuningdek, tobutni qarindosh-urugʻlari koʻtarib, yaqinlari yigʻlab borishi istagi qotib qolgandi. Balki, oʻrtoqlari uning soʻnggi xohishini bajo keltirishlarini judayam istagan boʻlsa kerak.

Eshikning qulfi sharaqladi, Ragip amaki tiriklar uchun dahshatli boʻlgan bu binoda yakka-yolgʻiz qoldi.

* * *

Barakning tor, uzun koridoridagi yogʻoch pol gʻijirlardi: turklar televizor qoʻyilgan xonaga yigʻilishmoqda edi. Aniq belgilangan vaqtda mas’ul vakil bilan tarjimon hozir boʻlishdi. Ular eshik oldida gap-soʻzlar tinishini kutib bir oz toʻxtab turishdi-da, keyin xonaga kirishdi.

Mas’ul vakil nimdoshgina jildni ochib, stol ustiga qoʻydi. Keyin oʻtirdi. Tarjimon tik turgancha turaverdi.
— Ogʻaynilar...— deya gap boshladi-yu, lekin keyingi soʻzni talaffuz qilolmay, tupugini yutdi.

Shu vaqt xonaga yana bir nechta ishchilar kirib, boʻsh joylarni egallashdi. Tarjimon ovozini koʻtarib yana gapira boshladi:
— Doʻstlar, bu yerga nima maqsadda yigʻilganinglarni bilasizlar-a, shundaymi?

U oʻz savoliga javob kutib birmuncha vaqt tik turdi, Oʻtirganlardan biri hammalari uchun javob berdi:
— Ha. Bilamiz.
— Xoʻsh,—dedi sovuqqonlik bilan tarjimon,— agar bilsanglar, kelinglar, gaplashib olaylik. Ertaga Ragip amakining jasadi kuydiriladi. Lekin bizga ma’lum boʻlishicha, sizlar norozi boʻlganmishsizlar.

Ishchilar baravariga, shosha-pisha, qizgʻin gapira

boshladilar:
— Uning kuydirilishini xohlamaymiz, xohlamaymiz...

Tarjimon oʻtirganlarga koʻz yugurtirib chiqdi.
— Hammanglar shu fikrdamisizlar? Yalpisiga-ya?
— Ha,— deya javob qilishdi joʻr ovozda.
— Kim krematsiyaga qarshi boʻlsa qoʻl koʻtarishini soʻrayman.

Tarjimon sanaganda qarshilar xonada qancha turk boʻlsa shuncha edi.

Tarjimon mas’ul vakilga qaradi, u boshini bir ozgina egdida, jilddan qogʻoz olib tarjimonga uzatdi. Tarjimon matnga koʻz yugurtirib, uning magʻzini eslab qolishga tirishgancha, e’lon qildi:
— Qaygʻularingizga hamdardmiz. Oʻrtoqlaringizning jasadi kuydirilishini xohlamayapsizlar, shundaymi?

Ragip amakini soʻnggi bor koʻrishga musharraf boʻlgan ishchi uning yuzida muhrlangan iltijoni esidan chiqarmagandi. U tarjimonning gapini boʻldi:
— Agar pulimiz yetganda edi, biz oʻz vatandoshimizni uning kindik qoni toʻkilgan yerga dafn qilgan boʻlardik. Biz noilojmiz, uni samolyotda joʻnatishga mablagʻimiz, qurbimiz yetmaydi. Lekin biz qanday qilib uning jasadini kuydirilishiga rozi boʻla olamiz-a?
— Tushunsanglar-chi, axir, bu barcha katta shaharlarning fojiasi-ku!
— Demak, bu yerda oʻlgan har bir kishi albatta kuydirilar ekan-da?
— Ha. Faqat sizlargina emas, oʻzimizning boshimizda ham shu savdo.
— Bizning shartnomamizda bunday modda yoʻq ediku.
— Darhaqiqat, shartnomada bunday modda yoʻq. Lekin sizlar modomiki, bu yerga kelib ishlashga majbur ekansizlar, koʻpgina shartlarimizni bila turib qabul qilasizlar-ku,— tarjimonning ovozida mensimaslikka oʻxshash ohang jarangladi.— Nega endi hozirgi daqiqada bizni tushunishni istamayapsizlar?

Tarjimon jimib, oʻtirganlarga koʻz yugurtirdi. Yoʻq, ular oldindanoq barcha shartlarni qabul qilganliklarini e’tirof etishni hecham xohlamasdilar. Shu bilan bir vaqtda xuddi bu begona yurtga sadaqa soʻrash uchun kelgandek, uyat hamda. izza hissini tuymoqda edilar.

Ragip amakini soʻnggi bor koʻrgan ishchi oʻrtoqlariga qaradi: ular xijolat hamda oʻngʻaysizlikdan boshlarini xam qilib oʻtirishardi,
— Mening Germaniyada oʻtkazgan kunlarim yillarga tutashib ketgan,— dedi u ohista, lekin qat’ii ohangda.— Men koʻp narsaga tushuna boshladim. Avvaliga bizni begona tortlarda ishlashga majbur qilgan vatanimizdagi ochlikning sabablariga tushunolmasdim va uni oddiygina «peshanamiz ekan-da», deb qoʻya qolgandim. Endilikda, sizlar ham foyda koʻrmaydigan eshagingiz oldiga hatto bir tutam ham pichan solmasligingizni tushunib yetdim.

Tarjimon aytilganlarni mas’ul vakilga tushuntirayotganida, ishchilar ularning adreslariga aytilgan haqoratli soʻzlarning magʻziga tushunib yetmaganlarga tushuntirib, oʻzaro gaplasha boshladilar.

Tarjimon qoʻli bilan stolni taqillatdi. Barcha jimib qoldi.
— Biz bu yerga siyosat haqida safsata sotish uchun yigʻilmaganmiz. Gap krematsiya haqida ketyapti. Biz sizlarga vaziyatni tushuntirmoqchi boʻlgandik, lekin sizlar hech narsani eshitishni xohlamayapsizlar. Buni xohlaysizlarmi yoki xohlamaysizlarmi, bari bir marhumning jasadi kuydiriladi. Shaharimizdagi qabriston kichkina, shuning uchun biz hozir sizlar bilan oʻrtoqlaringizni dafn etish uchun yangi qabriston ochish haqidagi masalani muhokama qila olmaymiz. Shahar atrofiga fabrikalar qurilgan. Biz hatto oʻzimizning marhumlarimizni ham allaqachondan beri kuydiryapmiz. Shunday ekan, gapni choʻzib oʻtirishning nima hojati bor?
— Axir, siz gapirayotgan narsa dahshatli qabohat-ku,— deya yana oʻrnidan turdi haligi ishchi,— axir, gap nihoyati bittagina marhum uchun bir parchagina yer topish haqida ketyapti. Biz shu yaqindan beri begona yurtda ishlay boshlagan boʻlsak, birinchi bor oʻlim bilan yuzma-yuz kelishimiz. Shuningdek, kuydirish haqida ham ilk bora eshitishimiz.

Mas’ul vakil ishchining gaplarining tarjimasini eshitgach, qansharidagi koʻzoynagini toʻgʻriladi. Qeyin soatiga qarab, bir oz xayolga toldi. Tarjimon bilan

bir necha ogʻiz uzuq-yuluq gaplashdi-da, jildni asabiy berkitib oʻrnidan turdi.

Tarjimon shosha-pisha dedi:
— Suhbat vaqti tugadi, doʻstlar. Ertaga ish kuni. Sizlar vaqtliroq yotishlaring kerak. Yerimiz yetishmaganligi sababli marhumning jasadi kuydiriladi...

* * *

Ertalabki soat sakkizlar chamasi edi. Yomgʻir bir necha kundan beri tinmay yogʻardi. Ikkita xizmatchi qabriston qorovuli hamrohligida Ragip amaki yotgan zalga tez-tez kirib borishdi. Ular bu sovuq hamda vahimali binoda qoʻrqmay yurishardi.

...Ragip amaki tunni turklar qoldirib ketishgan oʻsha joyda hamda oʻsha vaziyatda yakka-yolgʻizlikda oʻtkazdi. Hatto qoʻlini ham qimirlatmadi. Faqat yuzi yanada burishib ketgandi.

Xizmatchilardan biri tobutni berkitdi.

Boshqasi unga yaqinlashib:
— Ertaga bayram...— dedi.
— Peshanasiga oʻliklar bilan ishlash yozilganlar uchun bayram-payramning farqi bormi?— deya toʻngʻilladi keksa qorovul.

Uchalalari ham kulib yuborishdi.

Keyin tobutni koʻtarib, oʻlikxonadan olib chiqishdi.

Tobutni krematsiya zalidagi kattakon marmar plita ustiga oʻrnatishdi. Zalning devorlariga Iso Paygʻam-bar va Momo Havoning rasmlari ishlangandi. Zal yop-yorugʻ boʻlishiga qaramay, u yerda son-sanoqsiz shamlar yonib turardi.

Serhasham tobut yonida ruhoniy duoyi takbir oʻqib oʻtirardi.
— Yana bittasini olib keldik,—deya ruhoniyga murojaat qildi goʻrkov.

Ruhoniy boshini oʻgirib unga qaradi-yu, lekin javob bermadi — uni kambagʻalgina egasiz tobut qiziqtirmasdi.

Tobutni gʻildirakli stolga qoʻyishdi. Keyin toʻrt tomonidan mix qoqishdi. Hatto qopqogʻini ochib, Ragip amakiga samoda jilmayayotgan Isoni koʻrsatishni ham lozim topmadilar.

Knopkani bosishgandi, tobut asta-sekin polning

ostiga ravona boʻldi.

Besh daqiqadan keyin esa yuqoriga ikki siqim kul chiqarishdi. «...Ragip amaki»dan qolgani shu edi.

Xizmatchi oynaband shkafdan urna oldida, chaqqonlik bilan unga «Ragip amaki»dan qolgan-qutgan kulni soldi. Hali sovib ulgurmagan kul silliq, yumshoq oqib tushardi. Ragip amakining fe’l-atvori ham xuddi shunaqa edi. Hech qachon ovozini balandlatmas, hech kimga qoʻpol muomala qilmasdi. U saxiy qalb edi. Mana shu odam chang-gʻuborga aylangandi. Uning yuragi katta yukni koʻtara olmadi. Yurtida qolgan oilasi uchun ishlayotgan la’nati pullar bechorani adoyi tamom qildi. Oʻlimidan ancha oldinoq koʻzlaridagi umid soʻngandi... Endi ular qayerda, bu koʻzlar? Urnadan topib koʻr-chi?

Xizmatchi urnani yengilgina silkitdi. Kul tagiga choʻkdi. Ragip amakining koʻzlari bilan yuragi ham tagiga tushib ketgan boʻlsa kerak. Xuddi shunga oʻxshash hol oʻsha kuni ertalab, ya’ni u oʻlgan kuni boʻlgan edi. Yoshi ellikda boʻlishiga qaramay, unga zararli gazlar ishlatiladigan binoda ishlash uchun ish berishdi. Gazdan saqlanadigan niqob qop-qorayib koʻzini toʻsib qoʻydi: yillar davomida ojizlanib qolgan yuragiga xuddi qoʻrgʻoshin quyilganday boʻldi. Lekin Ragip amaki tishlarini girih qilib, oʻziga-oʻzi: «Qora kunlar tez orada oq-oydindek yorishadi»,— dedi. Ammo-lekin u yana bir qora kunni koʻtarolmadi: tungi smenaning oxirida, jimjit va mash’um daqiqada u yuztuban yiqildi. Hatto oʻziga ham tan olishga qoʻrqib yurgani, yurak xastaligi uni nobud qilgandi. Urnani surgʻuchlashdan oldin xizmatchi:
— Bu nusxa oʻzi qayerdan ekan?—deb soʻradi. Jilddagi hujjatlarni titkilay boshlashdi. Pechka navbatdagi marhumni qabul qilib olgan damda:
— Qandaydir turk ekan...— degan ovoz eshitildi.—Qani, patentli urnani ber-chi!

Kulni yana boshqa urnaga agʻdarishdi. Balki, bu gal vataniga yuborish oldidan Ragip amakining yuragi bilan koʻzi yuqoriga chiqib qolgandir.

Shundan keyin xizmatchi urnaning hamma yogʻini qarab chiqdi. Uning tagida: «Germaniyada ishlab chiqarilgan», degan yozuv yaqqol koʻzga tashlanib turardi.