OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Bakir Yulduz. Emikdoshlar (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBakir Yulduz
Asar nomiEmikdoshlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Postmodernizm
Mualliflar
   - Bakir Yulduz
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHikoyat Mahmudova
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Emikdoshlar (hikoya)
Bakir Yulduz

U manzilga qosh qoraymasdan yetib olmoqchi edi, shuning uchun tez ketib bormoqda edi. Tamoman holdan toyib, yiqilib qolmaguncha, nafas ham olmasdan deyarli chopib kelgandi. Bir daqiqa boʻlsa ham nafas rostlab olish lozim edi. Tevarak-atrofda qurib-qovjiragan yer yastanib yotardi. Bir necha soat davom etgan yoʻl davomida hatto bitta ham qush koʻrmadi — mana shu koʻz ilgʻamas masofani egallagan choʻlu biyobon, boʻshliqda u yakkayu-yolgʻiz edi. Qorni piyozning poʻsti boʻlib ketgan, tashnalik azob bermoqda edi. U osmonga qaradida, birdan nega bu yerga qushlar uchib kelmasligini fahmlab qoldi: axir, bu yerda ular boshpana topishi mumkin boʻlgan na bir tikkaygan daraxtu na buta bor edi. Yarim bosinqirash holatida unga mabodo qush uchib kelib qolgudek boʻlsa ham, albatta uning boshiga qoʻnadiganga oʻxshab tuyulardi.

Yigit quyoshga qaradi — u naq ufq ustida osilib turganga oʻxshardi. Shoshilish kerak. U oʻrnidan turib, ogʻir qadam tashlagancha, har bir qadamini yerga muhrlagandek olgʻa yoʻnaldi, yana oldinda boshi-keti yoʻq choʻl yastanib yotardi.

Oʻngda soʻnggi quyosh nuri ham koʻzdan yoʻqoldi. Tez orada osmon yer bilan tutashib ketadi. «Ishqilib, ulgursam edi»,— degan fikr yalt etdi miyasida va shu zahotiyoq orzulab kelayotgani qishloqni koʻrib qoldi. U bir oz chekkaroqda edi. Yigit qoq yerga oʻtirdi. Endi qorongʻi tushishini kutish lozim edi.

Eshik qiya ochilib, ostonada xoʻjayinning oʻgʻli koʻrindi. Xonadan sizib chiqayotgan gazchiroqning xira nurida u tungi mehmonni zoʻrgʻa tanidida, hayratlangancha:
— Senmisan? — deb soʻradi.
— Tanidingmi! — deya sevinib ketdi yigit.
— Uyga kir.

Gʻovur-gʻuvurni eshitib ichkaridan xoʻjayin chiqib keldi. Birmuncha vaqt erkaklar bir-birlariga qarab qolishdi. Keyin xoʻjayin oʻgʻli bilan mehmonni ortidan yurishlarini ishora qilib, xonaga yoʻnaldi.

Divanga joylashib olgach, xoʻjayin mehmonga oʻz yonidan joy koʻrsatdi.

Yigit oʻtirdi.

Xoʻjayinning oʻgʻli hamon eshik oldida turardi.
— Mehmonimizga stol tuzashlarini farmoyish qil.

Oʻgʻil ketgach, xoʻjayin yigit tomon engashdi:
— Xoʻsh, qanday shamol uchirdi?
— Narigi tomonga oʻtib ketmoqchi edim.
— Nega birdan boshingga bunday fikr kelib qoldi? Bitta-yarimtani oʻldirdingmi?

Yigit yoʻq, deganday bosh chayqadi.
— Kontrabandami?
— yoʻq.
— Tushunaman... Balki, hukumat bilan kelishmovchilikmi...
— Shunga oʻxshashroq...
— Xoʻsh, boʻlar ish boʻpti,— xoʻjayin mehmonning yelkasiga qoqib qoʻydi,— biz onang oldida qarzdormiz. Mening uyim sening ham uying. Bu yerda hech narsadan xavfsiramasang boʻladi. Bor, yuvinib ol. Hozir ovqat tayyor boʻladi. Onang qalay?
— Oʻtgan yozda bandalikni bajo keltirdi. Xoʻjayinning oʻgʻli chiroqning piligini pasaytirdida, eshikni berkitib chiqdi.

Chiroqning xira nuri xonadagi barcha narsalardan ulkan soyalar tashlardi. Koʻp kunlar badalida birinchi marta yigit koʻngilxotirjamlik bilan yumshoq oʻrinda yotardi; xoʻjayin uni oʻz himoyasiga olgandi. «Manavi, odam yursa oyogʻi, qush uchsa qanoti kuyadigan sahroda xoʻjayinning gaplariga ishonsa boʻladi»,— deb oʻyladi yigit. Uning a’zoyi badani boʻshashib, shirin uyqu ogʻushiga choʻmdi.

* * *

Oradan birmuncha vaqt oʻtgach, xoʻjayinning oʻgʻli ohista xonaga moʻraladi. Mehmon toshdek qotib uxlab yotganiga ishonch hosil qilgach, u eshikni qiya qilib yopdi-da, oyoq uchida yurib otasining xonasiga kirib bordi va uning oyogʻi ostiga tiz choʻkdi-da:
— Uxlayapti,— dedi.

Xoʻjayin sigaretini ezgʻiladi-da, cheka turib soʻradi:
— Mening oʻlimimdan keyin oʻrnimni kim bosa oladi?

Oʻgʻil koʻzini yerga tikkancha indamay oʻtirardi.
— Bu yerda tushunmaydigan hech narsa yoʻq! Sen,— deya oʻgʻli uchun javob berdi xoʻjayin,— axir, sen mening yakkayu-yagona oʻgʻlimsan-ku.
— Iloyim, ollo taolo umringizni uzun qilsin, — deya javob qildi oʻgʻil.
— Rahmat, oʻgʻlim! Xudoning qudrati bilan bexosdan ertaga oʻlib qolsam-chi? Sen mening oʻrnimni egallashga tayyormisan?
— Sizga nima boʻldi, otajon? Nega bunaqa gaplarni gapiryapsiz?
— Seni sinab koʻrmoqchiman. Sen mening nomimni badnom qilasanmi yoki barcha dushmanlarimning hiyla-nayranglariga qaramay obroʻyimga obroʻ qoʻshasanmi, shuni bilmoqchiman.

Oʻgʻil boshini koʻtarib otasiga qaradi. Endi ular bir-birlarining koʻzlariga qarab turishardi.
— Sinang,— dedi nihoyat, oʻgʻil.— Agar ishonchingiz komil emas ekan, agar shuncha yil-oylar sizga kamlik qilgan boʻlsa, sinang.

Xoʻjayin divanga choʻzildida, qoʻlini boshining tagiga qoʻydi.
— Anavi... Bilasanmi, narigi tomonga oʻtib ketmoqchi...
— Kontrabandami?
— yoʻq.
— Bitta-yarimtani oʻldiribdimi?
— Unisiyam emas.
— Unda nega oʻtmoqchi?
— Sendan xoʻjayin chiqmasligi aniq,— deya jahli chiqdi otaning.— Hozir har xil ishlar boʻlishi mumkin. Faqat sening qovoq boshing ularni tushunishni xohlamaydi.
— Qanday ish boʻlishi mumkin, ota?
— U nima bilan shugʻullanishini, oʻzi kim ekanligini bir tanangga oʻylab koʻrchi?
— Men bir narsani bilaman, u — mening sut emizgan onamning oʻgʻli.
— U yoʻq, oʻtgan yili oʻlgan.
— Joyi jannatda boʻlsin...
— Quloq sol, uning oʻz oyogʻi bilan bu yerga kelgani bizning omadimiz. Qachonlardir uning onasi seni saqlab qolgandi, endi uning yordamida ishlarimizni yoʻlga solib olamiz.

Oʻgʻil poldan turib, divanga oʻtirdi. Nazarida, agar otasiga yaqinroq oʻtirsa uning soʻzlarini yaxshiroq tushunib oladigandek edi.
— Qulogʻim senda, ota? Xoʻjayin yostiqlarni tuzatdi.
— Sen uni oʻldirasan.
— Nega endi, ota?

Xoʻjayin oʻrnidan turib, xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Oʻgʻil ham shu zahoti oʻrnidan turib ketdi. Taomilga koʻra kattalar tik turganda oʻgʻilga yalpayib oʻtirish mumkin emas.
— Oʻzingdan qolar gap yoʻq, yaqinda kontrabanda bilan qoʻlga tushgandik-ku. Endi biz hukumatga sodiqligimizni isbotlashimiz mumkin.
— Lekin bu yerda emikdoshimning nima aloqasi bor?
— Seni oziqlantirgan oʻsha sutga la’natlar boʻlsin!

Oʻgʻil otasining qoʻlini ushlab oldida, uni labiga bosib, tutilgancha:
— Jahlingiz chiqmasin, ota...— dedi.—Haqiqatanam bu boʻlmagʻur qarindoshchilik bilan miyamni achitib yuribman.
— Ha, mayli, jin ursin! Bu yerda asosiysi— omad, tushundingmi? Axir, uning oʻzi, oʻz oyogʻi bilan kirib keldi... Shunday qulay fursatni qoʻldan boy berib boʻladimi... Seningcha, uni qayerda surobini toʻgʻrilash qulayroq?
— Shu yerda-ya?.. Hozir-a?..
— Voy manavi itvachchani-ey! Senga xoʻjayin boʻlishga yoʻl boʻlsin! Sening dilingda doim enagangning suti hokimlik qilib keladi, iloyim uning suti yerga toʻkilsin-da! Bu gaplaringni eshitib turib, mening oʻgʻlim emas, deb oʻylash mumkin.
— Achchiqlanmang, otajon. Yaxshisi, uni qayerda yoʻq qilish lozimligini tushuntiring.

Ikkalalari ham jimib qolishdi-da, birmuncha vaqt hovlidan eshitilayotgan qurbaqalarning qurillashiga quloq tutib oʻtirishdi. Sokin kechada qurillash haddan , tashqari qattiq eshitilar, shu sababli qurbaqalarning oʻzi ham ulkan maxluqqa oʻxshab tuyulardi. Oʻgʻil shu daqiqada qoʻshni xonada uxlayotganlar haqida oʻylardi. U yerda ikki singlisi va onasi — tuqqan onasi yotishardi. Otxonaning oldidagi xonada esa — batraklar. Ikki devor ortida esa ular otasi ikkalovi oʻlimni ravo koʻrishayotgan emikdoshi yotibdi.
— Quloq sol, — dedi xoʻjayin. — Bu ishni bizning yerimizda qilish yaramaydi. Biz ham hukumatga xushomad qilishimiz, shu bilan birga, har qanday fisqi fasodlarga yoʻl bermasligiz kerak. Taomilga tupurib, xudo tomonidan yuborilgan mehmonni hukumatga tutib berishibdi, degan gap-soʻzlarga qolmasligimiz kerak. Xoʻjayin boʻlish san’ati nimada ekanligini endi tushundingmi?

* * *

Yigit koʻzini ochib yumdi-da, kerishdi. Koʻrpa tagida ohista qimirladi. Keyin bu yerga qanday qilib va nima sababdan kelib qolganligini oʻylay boshladi. Bir necha yil avval u bu qishloqchadan chiqib ketgandi. Oʻshanda qadrdon joylariga qochoq sifatida qaytib kelish yetti uxlab tushiga ham kirmagandi. Yoʻq, uni bu yerga haydab kelgan taqdiriga tan bermadi ham. U bir narsani biladi: oʻzi uchun hamda boshqalar uchun kurash davom etadi.

Eshik gʻiyqilladi. Yigit shu zahoti koʻzini ochdi. Unga odatdagi ehtiyotkorlik hissi qaytayotgandi. Hattoki emikdoshining uyida ham...
— Kim u?
— Men, — deya javob qildi xoʻjayinning oʻgʻli va xonaga kirdi. U juda sekin, deyarli shivirlab gapirardi.— Sen tong otmasdan bu yerdan ketishing kerak... Men seni kuzatib qoʻyaman.
— Rahmat, aka. Hozir kiyinaman. Xoʻjayinning oʻgʻli chiqib ketdi.

Yigit derazaga qaradi. Gʻira-shira oqarayotgan uylarning tarxi elas-zlas koʻzga tashlanardi. U uylar orasidagi boʻshliqni tanidi. Hozir uni narigi tomonga kuzatib qoʻyadigan emikdoshi bilan mana shu xarobazorda chopqillashib yurishganiga koʻp boʻldimi? Oʻshanda, bolaligida, ular koʻpincha birga oʻynashardi. «Aka, bunaqa qattiq chopma, yiqilasan! Akajon!» Lekin xoʻjayinning oʻgʻli quloq solmas, faqat ajablangancha unga qarab: «Axir, sizlarning uyingizda bitta deraza bor, biznikida esa koʻp! Biz qanaqasiga aka-uka boʻlarkanmiz?» — deb soʻradi. «Biz ikkalamiz bitta siynaning sutini emganmiz, — deya javob qilardi u xoʻjayinning oʻgʻliga, — onamning aytishicha, bu aka-uka boʻlib tugʻilishdan ham kuchliroq emish...»

Eshik yana gʻiyqilladi.
— Men tayyorman,—dedi yigit xayolot dunyosidan uygʻonib.
— Bitta-yarimta uygʻonib qolmasidan tezroq yura qol...

Ular ostonaga chiqishdi. Atrofda milt etgan chiroq yoʻq.
— Men otangga minnatdorchilik bildirmoqchiydim. Balki, men uni endi hech qachon koʻrmasam kerak...

Xoʻjayinning oʻgʻli seskanib ketdi. Eshik tomonga otilmoqchi boʻldi-yu, lekin vaqtida xatosini tushunib qoldi-da:
— U uxlayapti, — dedi. — Men unga minnatdorchiligingni aytib qoʻyaman.

Ular hovlida otlarni egarlashdi-da, minib koʻchaga chiqishdi. Yengil shabada ot yollarini siypalardi. Ular janub tomonga qarab yoʻnalishdi. Yoʻl bugʻdoyzor oralab ketardi. Xoʻjayinning oʻgʻli xiyol oldinga egilgancha egarda dadil oʻtirardi, yigit esa odatlanmaganidan bezovtalanardi.

Birmuncha vaqt bir-birlariga dam-badam qarab-qarab qoʻygancha yonma-yon borishdi. Bir oyda, hatto bir kunda tugʻilgan boʻlishlariga qaramay xoʻjayinning oʻgʻli ancha-muncha boʻlaliroq koʻrinardi; uning keng yelkasi hamda uzangidagi ulkan oyoqlarini koʻrib yigit oʻzining oriqligini yaqqol his qildi. U oʻzini shamoldan ham ojizroq sezdi. Xoʻjayinning oʻgʻli otini yoʻrttirib ketdi. Koʻm-koʻk, umidvor koʻzlarila yigitcha emikdoshining ortidan qarab turardi.

Pastakkina tepalikka yetib kelishgach, xoʻjayinning oʻgʻli otini toʻxtatdi.
— Chegara yaqin. Ehtiyot boʻlish kerak. Xoʻjayinning oʻgʻli tashvishli edi. Qishloq ancha ortda qolib ketdi. Endi faqat ular otasining yerlari chekkasiga chiqib oldilarmi yo yoʻqmi, shunga ishonch hosil qilmoq kerak edi. Tungi suhbatni eslab, yosh xoʻjayin har ehtimolga qarshi yanada nariroqqa borishga qaror qildi.
— Bu yogʻi yaqin qoldi, uka, — dedi u labini qiyshaytirib tirjaygancha.

Yana bir oz yurishgach, xoʻjayinning oʻgʻli otini toʻxtatdi-da:
— Mana, yetib ham keldik, shu yerda xayrlashamiz. Ular ot ustida bir-birlariga choʻzilib qattiq quchoqlashishdi.

Yigit xayrlasha turib, shunday dedi:
— Biz bir onani emib katta boʻlganmiz, shuning uchun aka-uka, deb sanalamiz. Qachonlardir sen mening onamning yarim sutini olganding. Lekin sen savob ish qilib, qarzingni toʻlaligicha qaytarding. Rahmat, aka.

* * *

... Agar ularni oʻz suti bilan boqqan ayol tirik boʻlganda, u hozir ularning oʻrtasida turgan boʻlardi. «Oʻgʻillarim, — degan boʻlardi u, — mening koʻrkoʻz oʻgʻilginam, sen ham, xoʻjayinning yakkayu-yagona merosxoʻri, mana men keldim. Men — yerman. Men — suvman. Men — gullaydigan va meva beradigan daraxtman. Agar men shunday boʻlmaganimda, har biringizni qoʻlimga olib sizlarning qush ogʻziday jajji ogʻizchalaringizni sut emizish uchun koʻksimga bosa olarmidim? Usha ajoyib kunlar qanchalik tez unutilibdi-ya. Nahotki, butunlay unutilgan boʻlsa!..»

Yigitcha otini qamchiladi. Xoʻjayinning oʻgʻli esa sumkasidan chiqib turgan nishonli miltigʻiga koʻz yugurtirdi. Mana hozir emikdoshi sal nari ketsin, u bu ishni saranjomlaydi.

Uning qoʻli ohista miltiq tomon choʻzildi.

Enaga qaysi tomonga yugurishni bilmay qoldi: oldinda ketayotgan oʻgʻli tomon yugursinmi yoki qoʻli miltigʻi tomon choʻzilayotgan boshqasi tomongami.

«Sen mening oʻgʻlimga qarata otmoqchisan-a, xoʻjayinning oʻgʻli? Agar yer tagida chirib ketmaganimda, agar hayvonlarga yemish boʻlmaganimda men hozir qarshilaringda koʻkragimni ochib koʻrsatgan boʻlardim. Men hammasini toʻkib solganboʻlardim. Ayniqsa, senga. xoʻjayining oʻgʻli. Choʻlpillatib oʻzing emgan koʻkrakni namuncha tez yodingdan chiqazgan boʻlsang! Men sening onangman, men seni emizganman... Nega sen mening oʻgʻlimni oldinga oʻtqazib yubording?»

Xoʻjayinning oʻgʻli qoʻndoqni ushlagan mahalda emikdoshi orqasiga oʻgirilib, soʻradi:
— Yaqinlashib qoldikmi?

Xoʻjayinning oʻgʻli oyogʻini qashigan boʻldida, ikkala qoʻli bilan jilovni ushladi.
— Deyarli... Mana hozir qayrilamiz.— Va ular sharq tomonga burildilar.

«Ha, demak, sen holi joy qidiryapsanmi? Shunda yelkasidan otasanmi? Axir, ikkalovlaringni emizayotganimda bir koʻzim bilan senga, boshqasi bilan oʻzimning koʻkkoʻz oʻgʻlimga qaramasmidim? Achchiq yoki shoʻr narsa yeganimda esa, seni, bolaginam, zaharlab qoʻymay, deb koʻkragimni avval oʻzimning oʻgʻlimga tutmasmidim-a? Emikdoshini sotish mumkinmi? Seni dastlab qoʻlimga olganimda qiltiriqday bola eding, ayyor onangga esa boʻtaloqday baquvvat qilib topshirmaganmidim, axir? Keyinchalik, sizlar birga oʻynaganlaringda mening oʻgʻlim seni doim qoʻriqlab yurmasmidi? Nega sen uni oldinga oʻtkazib yubording? Yoki sen uchun u nihoyati qurbonlikka moʻljallangan qoʻzichoqmi?»


— Quroling bormi? — deb soʻradi xoʻjayinning oʻgʻli.
— Yoʻq.
— Hechqisi yoʻq, menda bor. — Xoʻjayinning oʻgʻli miltigʻini toʻrvasidan chiqardi. — Bu yerdan uncha uzoq emas. Men qarab turaman. Boʻlmasa, xudo koʻrsatmasin, har narsa boʻlishi mumkin...
— Kim biladi. Men bu yerlarni yana qayta koʻrgunimcha oradan qancha yillar oʻtarkin, — gʻamgin jilmaydi yigit.

Xoʻjayinning oʻgʻli miltigʻini yuqori koʻtara boshladi.

«Koʻk koʻz oʻgʻilginam, orqangga oʻgiril! Emikdoshing seni oʻldiradi. Yerga yiqilishingdan avval, shuni bilib qoʻy — mening sutim bilan katta boʻlgan odamning qopqoniga tushding. Tepkini bosgan qoʻllarini sening koʻzlaringga tekkizmasa boʻlgani. Men xoʻjayinga oʻgʻlini berayotganimda u seni ham koʻrishni xohladi. Sizlarni tarozda tortib koʻrishdi, oʻgʻilginam. U mendan sen, koʻk-koʻz oʻgʻilginam, emganingdan koʻra koʻproq sut emgan ekan. Uning otasi sendan ortiqcha chiqqan har bir gramm uchun bir qopdan bugʻdoy yubordi. Lekin men ularni qabul qilmadim. Men, onaligimni yerga urishga yoʻl qoʻymayman, dedim. Men ikkovingniyam vijdonan emizgandim. Otang ikkovimiz qoplarni xoʻjayinga qaytardik. Nega qishloqdan ketib qolding-a, oʻgʻlim? Shaharda nimalar qilding? Sen u yerda nimalarni oʻrganding, nega seni aldab tuzoqqa ilintirishdi? Balki, sen oʻzingni nomunosib tutdingmi?.. Sen katta boʻlding, oʻgʻlim, lekin aqling ham toʻlishdimi? Nima sababdan ular seni hayotdan judo qilishmoqchi? Balki, sening aqlingdan qoʻrqishayotganmikin? Orqangga qara, oʻgiril, mening koʻkkoʻz yigitim! Uning qurolini tortib ol. Lekin oʻldirma. Haydab yubor. Oʻz otingda orqa-oʻngingga qaramay chopib ketginda, hech qachon ularning mulklariga qadam bosmagin...»

Xoʻjayinning oʻgʻli tepkini bosdi.