OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Bashorat Omonova. Sabina (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBashorat Omonova
Asar nomiSabina (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Bashorat Omonova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sabina (hikoya)
Bashorat Omonova

Yoʻl yoqasida poezd oʻtishini kutib turgan Tal’at nogahon hamrohini turtdi:
— Anavini qara!

Ikkisi shiddat bilan uchib borayotgan poezddan pastga sakragan odam qorasini koʻrib qolishdi.
— Ketdik.

Ular yetib borganlarida yerda ayol kishi yuztuban yotardi.
— Fonarni yoq.

Tal’at ayolning boshini koʻtardi. Yoshgina juvon koʻzlarini arang ochdi.
— Menga qarang, tuzukmisiz, yura olasizmi?

Ayol sekin oʻrnidan turdi va erkaklarga xoʻmrayib qaradi.
— Nega poezddan sakradingiz, esingiz joyidami oʻzi?
— Yomon odamlar bor ekan.

Ayolning shu soʻzlari allanimalarni oydinlashtirgandek boʻldi. Tal’at biroz xomush turib ayolga qattiqroq gapirib yubordi:
— Nima, pastda faqat yaxshi odamlar bor deb oʻylovmidingiz?

Nosir sherigiga savolomuz boqdi:
— Nima qilamiz?
— Yuring, ketdik.

Tal’at juvonning sumkasini qoʻliga oldi. Uning aniq bir qarorga kelgani shundoq bilinib turardi.
— Uyingga olib ketmoqchimisan? — hayron boʻlib soʻradi Nosir.
— Shunday ahvolda tashlab ketmaymiz-ku, sal oʻziga kelib olsin, keyin yoʻliga ketar.

Ular mashina toʻxtatishdi.
— Men yoʻlda tushib qolaman, ogʻayni, — norozi ohangda dedi Nosir.
— Boʻpti, ertaga koʻrishamiz.

Darvozadan ixchamgina hovliga kirishdi. Hammayoq jim-jit edi. Hovlidagi chiroqni yoqqan erkak juvonni bir xonaga yetaklab kirdi.
— Ana karavot, u yoqda vanna. Yuvinib olishingiz mumkin, hamma yogʻingiz chang boʻlib ketibdi. Hozir shu yerga choy-poy olib kelaman. Keyin dam oling, qolgan gaplarni ertaga gaplasharmiz.

Ayol yuvinib chiqqanda stol ustida qaynoq choy, yumshoq non, likopchalarda uzum, kolbasa bor edi. Ruhi tiniqlashgan ayol huzur bilan choy ichdi. Soʻng derazadan hovliga koʻz yugurtirdi. Hammayoq jim-jit. Ayol asta borib xona eshigini ichkaridan qulflab olgach, qaytib kelib dasturxonni yigʻishtirdi va chiroqni oʻchirib, karavotga choʻzildi.

Uyqusi kelmayotgan ayolning koʻz oldida yaqinda roʻy bergan voqealar gavdalandi.
— ...Oyijon, qoching, dadam kelyaptilar, rosa ichganlar!

Qizchasining vahm toʻla koʻzlariga boqqan ayol iloji boricha xotirjam ohangda soʻradi:
— Ichib kelsa nima qipti? Oʻtiraveramiz.
— Qoching, hozir sizni yana rosa kaltaklaydilar, esingizdan chiqib ketdimi? — endi oʻgʻilchasi vahima bilan gapirdi.

Ayol qimir etmay, ayvon ustuniga suyangancha qotib turardi. Bolalar esa zumda allaqaerlarga yashirinib oldilar.

Shu payt jim-jit hovliga gandiraklagan koʻyi er kirib keldi. Uning ust-boshi chang, koʻzlari olaygan, allanimalar deb tinmay soʻkinardi. Er xotini yoniga kelib chaqchaydi:
— Bolalar qani?
— Sizning ichib kelishingizni bilib qaylargadir qochib ketdi bechoralar. Sizga shu kerakmidi? Ular bu ketishda hademay asab kasaliga uchrashi hech gapmas.
— Oʻv, donishmand, sen nega qochmading, yo menga aql oʻrgatishga qoldingmi? Agar bilsang, menga aql oʻrgatadigan hali onasidan tugʻilmagan!
— Men aql oʻrgatayotganim yoʻq, borini aytyapman.

Ayol uning soʻzlaridan hech narsani tushunmagandek oʻzini xotirjam tutar, bu esa erning battar jazavasini qoʻzgʻatayotgan edi.
— Borini? — eri uni endi har galgidek turtkilay boshladi. — Baqraytirma koʻzingni!

— Oʻzi qarashim shunday.

— Mana boʻlmasa!

Ayol erining koʻtarilgan mushtini tutib qoldi va kuch bilan nari itarib yubordi. Eri chalqancha yiqildi.

Shu payt hovliga devor-darmiyon qoʻshnilari Zohid amaki kirib keldi.
— Ey, hayf senga-ey! Tur oʻrningdan, borib uxla! Essiz senga bolalar, essiz senga xotin, essiz senga erkak degan nom. Kunda ahvol shu, qachon koʻzing ochiladi, nomard, erkalik ham evi bilan-da. Oʻz oilangni oʻzgalarga sharmanda qilib nimaga erishasan, kasofat! He shu ichkilikni oʻylab chiqarganning enasini... Bor, kelin, sen bolalaringni chaqir, kirib yotinglar, kayfi tarqaguncha bunga biz qarab turamiz endi.

Zohid amaki ortidan kelgan oʻgʻliga oʻgirildi: — Shavkat, sovuq suv opke, yuziga sep bu nomardning, sal oʻziga kelsin. Qaysi pastkash ulfatlari ichiradi buni har kuni...

Yashiringan joylaridan boʻynilarini egib, aybdorona kelgan bolalariga qarab ayol oʻziga keldi.
— Bor, qizim, ukalaringni olib kirib yotqiz.
— Siz-chi, oyi?
— Men narsalarimni yigʻishtiraman. Ketaman.
— Keting, mayli, oyi. Bu ahvolda dadam bir kuni sizni oʻldirib qoʻyadi. Qayoqqa bormoqchisiz?
— Bilmadim, qizim, qarindoshlarimizning ham joniga tegib ketganmiz. Hech qaysinisining bizga koʻzi uchib turmagandir.

Ayol narsalarini sumkaga joylab boʻlgach, qiziga yaqinlashdi.
— Hayr, qizim, ukalaringni ehtiyot qil.
— Oyi, ketmang, — yolvordi qizi. — Yana oldingidek qarindoshlarimizni toʻplaymiz, ularga yalinamiz. Balki ular dadamni...
— Yoʻq, foydasi yoʻq. Yaxshi ish topishim bilan sizlarni olib ketaman.
— Oyijon, meni opketing, bir oʻzingiz qiynalasiz. Ukalarimga singlim qaray oladi-ku.
— Yoʻq. Uysiz-joysiz, yana ishsiz seni koʻchada yetaklab yurish tentaklik. Endi bor, ukalaringga qara, bor deyapman.

Ayol shunday deya yigʻlay-yigʻlay zulmatli tun bagʻriga singib ketdi.

Ayol shu alfozda katta yoʻlga chiqdi va duch kelgan mashinaga qoʻl koʻtardi. Oq «Neksiya» uning yoniga ohista kelib toʻxtadi. Keksaroq yoshdagi haydovchi engashib soʻradi:
— Qayoqqa borasiz, singlim?
— Shaharga, vokzalga.

— Oʻtiring, oʻsha tomon ketayotuvdim. 

Mashina yurganidan soʻng haydovchi savol berdi:

— Bir oʻzingiz yoʻlga chiqibsizmi kech qorongʻusida?
— Shunaqa boʻp qoldi.
— Koʻzlaringizda yosh...

— ...

Ayolning gaplashishga hushi yoʻqligini sezgan haydovchi jim boʻldi.

Mashina bir pasda vokzalga yetib keldi.
— Mana pul. Rahmat sizga, — dedi ayol.
— Toʻxtang, bu pul sizga. Uzoq yoʻl ketayotgan ekansiz, oʻzingizga ishlating. Chin koʻnglimdan aytyapman, singlim, ishoning...

Haydovchi ayolning sumkasini koʻtarishib vokzal eshigigacha keldi.

Ayol yaqin bir dugonasi yashaydigan shaharga chipta oldi. Soʻng poezdga chiqib, koʻrsatilgan joyga borib oʻtirdi.

Poezd sekin qoʻzgʻaldi. Juvon ma’yus nigohlarini poezd oynalariga qaratdi. Ancha yurishgach, poezd Samarqanddan oʻtganida vagonga bir toʻda odamlar kirib kelishdi. Ularning kayfi juda taraq edi. Aksiga olib ayolning yonidagi hamrohlari yoʻl-yoʻlakay tushib qolishgandi. Yoʻlovchilarni boshlab kelgan provodnik:
— Istagan joylaringizga oʻtirib olaveringlar, — degancha toʻgʻriga oʻtib ketdi.
— Men mana bu joyga yotaman, — ellik yoshlar chamasi moʻylovli, qorindor odam ayol roʻparasiga kelib oldi, soʻng unga qarab dedi: — Yolgʻiz ekansiz, birga ketamiz, azizim, tanishamiz, u-bu tamaddi qilamiz. Har qalay sizni zeriktirmaymiz.
— Joyingizda oʻtiring, — yoʻlovchini jerkib berdi ayol.
— Nega endi?
— Nega emish? Bunaqa gaplar sizga yarashmaydi, yoshingizga yarasha muomala qiling.
— Voy-boʻ, yoshingga qarab gapir emish! Menga nima qipti? Oʻzing oʻn sakkiz yashar qizmidingki, noz qilasan! Undan koʻra jon de bizdek hamrohlar chiqqaniga!
— Keting oldimdan! — ayol bahona qidirishga tushdi. — Men kasalman.
— Oʻzim davolayman, lyuboy doridan bor menda.Undan keyin, jonidan, mening qoʻllarim tekkan joying shubhasiz tuzaladi. Mana koʻrasan, biotokim bor. Ishonmasang, hozir sinab koʻramiz.
— Qoʻyvor, piyanista! — ayol uni bor kuchi bilan itarvordi, soʻng bezovtalanib atrofga alangladi: — Konduktorni chaqiringlar, bu piyanistani tartibga keltirsin.

Erkak esa battar suyulardi:
— Nima desang deyaver, lekin nozing ham, achchigʻing chiqishi ham oʻzingga juda yarasharkan. Shunaqa ayollar jon-dilim.Ular bilan olishib mazza qilib yayraysan kishi. Biroq hozir hech xomtama boʻlma, hech kim yordamga kelmaydi, undan koʻra oʻzimdan qolma. Ammo-lekin omading bor ekan.

Atrofdagilar, ya’ni uning olti-etti sherigi bu tayyor tomoshadan rohatlanib kulishardi.

Ayol yoʻlini toʻsgan erkakni bor kuchi bilan itarib tashladi-da, sumkasini bagʻriga bosgancha kupedan otilib chiqib, tamburga chopdi. Keyin orqasidan chayqalib kelayotgan ikki erkakni hayratga solgancha pastga sakradi...

Bu voqealarni juvon ertasi kuni ertalabki choy ustida oʻziga savolomuz boqib turgan Tal’atga muxtasar tarzda hikoya qilib berdi.
— Shunaqa deng, — Oʻylanib qoldi Tal’at. — Endi nima qilmoqchisiz?
— Shu shaharda bir dugonam yashaydi, uni izlab topmoqchiman, keyin ishga kirarman.
— Adresi bormi?
— Ha.
— Qani, koʻray-chi.

Ayol uzatgan parcha qogʻozni koʻzdan kechirarkan, Tal’at dedi:
— Boʻldi, u joylarni bilaman.
— Sizdan kanchalar minnatdor ekanligimni bilsaydingiz! Xudoning oʻzi yetkazdi menga sizni.
— Bu oddiy odamgarchilik-ku. Nima qilib yashab yuribmiz odam boʻlib bir-birimizning kunimizga yaramasak. Hali ishingiz yurishib ketadi, koʻnglim sezib turibdi.

* * *

Ular ertasi aytilgan manzilni izlab topdilar. Biroq eshikni ochgan xotin toʻngʻilladi:
— Gullolami? Ha, taniyman, biroq ikki xafta boʻldi, uyni sotib koʻchib ketdi.
— Koʻchib ketishdi? — birdan behollanib soʻradi juvon. — Qayoqqa?
— Afsuski, bilmayman.

Tal’at bu xabardan butunlay karaxt ahvolga tushgan Sabina yoniga yaqinlashib, uning qoʻlidan tugunni oldi.
— Yuring. Xafa boʻlmang. Biron-bir yaxshi ijara uy topguncha menikida yashab turaverasiz.

Ular yana birgalikda uyga qaytishdi.

* * *

...Sabina ish izlay-izlay charchab-horib qaytganida Tal’at odatdagidek papirosni burqsitganicha darvoza yonidagi taxtadan qilingan karavotda oʻtirardi. Umrining deyarli oʻn yilini ana shu hovlida tanholikda oʻtkazayotgan bu odamni hech kim tushunolmasdi. Ayniqsa xotini oʻlimidan soʻng Tal’at butunlay oʻz qobigʻiga oʻralib olgan.
— Keldingizmi, Sabina. Oshxonada u-bu narsa bor, yeb oling.
— Rahmat. Xudo xohlasa, hademay ishga kirsam, oylik olaman, keyin...
— Albatta, — dedi Tal’at papirosni oyoqlari bilan ezgʻilagancha. — Bilasizmi, mening yon qoʻshnilarim er-xotin shoirlar, juda koʻp she’rlar yozishgan, televizordayam koʻrsatishdi. Bugun bir osh bahona she’rxonlik qilamiz, maylimi?
— Rostdanmi? — Sabinaning koʻzlari porlab ketdi. Katta shoirlar bilan u hech qachon bir dasturxon atrofida oʻtirmagandi.
— Unda men bir bozor qilib kelay.

Kechqurun Sabina chiroyli qilib dasturxon bezadi.

Kecha, darhaqiqat, juda koʻngilli oʻtdi. Er-xotin shoirlar ochiqqina odamlar ekan. She’rxonlik va oddiy odamlarning begʻaraz hazillaridan butkul koʻngli yorishgan Sabina behad xursand edi.

Mehmonlarni kuzatib qaytgach, Tal’at ogʻir qadamlar bilan oʻz xonasi tomon yurdi. Koʻpincha eshigi qulflogʻliq bu xonada xotiniga tegishli narsalar turardi. Xona devorida esa uning portreti. Suratga alam bilan tikilarkan, Tal’at iztirob va armon bilan xotinini esladi. Oʻshanda shoshib onasinikiga ketayotgan xotinini tez kelayotgan mashina urib yuborgan... Kechagidek xotirasida qolgan bu voqea yodiga tushib ingrab yuborgan Tal’at quruq polga gʻujanak boʻlib yotib qoldi.

* * *

— Qayoqqa?
— Ish izlayapman-ku.
— Omadingizni bersin. Ammo aytib qoʻyay, huda-behudaga sangʻib yurmang. Bu yerni shahar deb qoʻyibdilar. Bilasizmi, Nitsshe nima degan: «Pastga tushish bu hali fojia emas». Yorugʻ kunlarga ishoning.

Itoatkorona bosh silkigan Sabina koʻchaga chiqdi.

* * *

Sabina kechga yaqin uyga qaytganida Tal’at sigaret chekkancha televizor koʻrib oʻtirardi
— Kech qoldingiz, sizga tushuntirgandim-ku, bu yer qishlogʻingiz emas istagancha koʻchada yurgani.
— Ish topish qiyin boʻlayapti, — aybdorona ohangda izoh berdi Sabina. — Bir joyda hujjatimga qarashadi, boshqa joyda, ayniqsa ayol rahbar boʻlsa ust-boshimga...
— Rostdan-a? Kiyimingizga qarab munosabat bildirishlari bu yomon, juda yomon...

Tal’at koʻpincha qulf boʻladigan xona eshigini ochib kirib ketdi va birozdan soʻng ikkita koʻylak koʻtargancha chiqib keldi. Yap-yangi, ohori toʻkilmagan, kechagina tikdirilganga oʻxshab turgan bu kiyimlar uning xotininiki ekanligini tushungan Sabina dovdirab qoldi. Soʻng bir amallab oʻzini qoʻlga oldi:
— Buncha chiroyli, tekis turishini-chi.
— Yoqdimi?
— Judayam. Bunaqa kiyimlarni bizning qishlogʻimizda hech kimda koʻrmaganman.
— Qani, kiyib koʻring-chi.
— Yoʻgʻ-e...

Sabina beixtiyor bir qadam ortga chekindi. Ammo Tal’at qoʻymay turib oldi.

Noiloj qolgan Sabina oʻz xonasiga oʻtib, yangi atlas koʻylakni kiydi, soʻng yangi libosga mos ravishda yuziga ozroq upa surdi, qoshiga qalam tekizdi, labini boʻyadi.

Sabina xonadan chiqib kelganida unga koʻzi tushgan Tal’at joyida lol turib qoldi. Uning nazarida xotini tirilib kelganday edi...
— Yarashibdi, — dedi u titroq ovozda. — Kiyavering, buyursin. Yuring, endi choy ichamiz.
— Tal’at aka, — dedi Sabina jur’atsiz tarzda. —Shamsiya opa degan ayolning uyiga koʻchsammi deb turibman. Kecha tanishib qolgandim. Bozorda semichka, qurt sotarkan. Yolgʻiz yasharkan. Bu yerda sizgayam tashvish orttirib...

Tal’at joyida oʻylanib turib qoldi.
— Nima deyishgayam hayronman... U qanday ayol oʻzi...
— Tez-tez kelib turaman.
— Avval ish-pishga kirib olavering-chi, keyin... koʻrarmiz... Yuring, choy sovib qoldi... Oʻzi toʻrtinchi marta damlashim...

* * *

Bir haftadan beri Tal’atning uyida qandaydir begona ayol paydo boʻlib qolganini koʻrgan mahalla faollari u bilan jiddiy gaplashib qoʻymoqchi boʻldilar.

Faollar Tal’atning uyiga namozshom mahal kirib kelishdi.
— Tal’at, — deb chaqirdi oqsoqol.

Papirosni burqsitib oʻtirgan Tal’at chaqirilmagan mehmonlarni koʻrib yuragi allanarsalarni sezdi shekilli, avzoyi buzilib, qovogʻini solgancha toʻngʻilladi:
— Tinchlikmi?
— Endi, inim, — oqsoqol ortiqcha iltifot va takalluf kutmayoq oʻz mavqei, lavozimiga mos doʻrildoq ovozda gap boshladi: — bu yurish-turishingiz bizni biroz tashvishlantirib turibdi. Ukajon, har xil xotinlarni yetaklab kelaversangiz, endi buni nima deyish mumkin...
— Qanaqa xotinlarni?
— Ol-a, — istehzoli kuldi oqsoqol. — Tan ham olmaysiz shekilli hali? Endi, uka, bu oʻzbekchiligimizga toʻgʻri kelmaydi. Bittasiga uylanib bola-chaqa qilib yashaganingizga nima yetsin. Ish bunaqada ketaversa oʻz umringizni ham behuda sovurasiz, atrofdagilargayam tarbiyasiga yomon ta’sir qilasiz. Bunday axloq bizga butunlay yot boʻlishi kerak.
— Nima, — endi chidab turolmadi Tal’at, — nima bizga toʻgʻri keladi: qorongʻu koʻchalarda joysiz javdirab turgan, musofir, ilojsiz ayolga joy bermaslikmi?
— Hoy-hoy, — tepasiga kelayotgan Tal’atning vajohatidan choʻchigan oqosoqol yasama doʻq qildi: — Ogʻzingizga qarab gapiring... siz... siz... Siz bilan hali boshqa joyda gaplashmiz!

Shundan keyin oqsoqol shartta ortiga burildi va hovlidan chiqib ketdi. Boshqalar ham unga ergashishdi.

Tal’at jahl bilan xonaga qaytib kirarkan, oʻz xonasi eshigi yonida turgan Sabinani koʻrdi... Ayol barini eshitgan edi...

Ammo Sabina bu safar uning aytganini qilmadi. Juvon sekin hovliga chiqib, undan darvoza tomon yura boshladi.

Bunday boʻlishini kutmagan Tal’at ikki hatlashda ayolga yetib olib, uning yoʻlini toʻsdi:
— Qayoqqa? Tentak boʻlmang, Sabina, qayting deyapman, uyga kiring, kirsangiz-chi uyga, — yolvordi erkak.

Ammo Sabinaning allanimaga ahd qilganday yoʻlidan qaytmayotganini koʻrgan Tal’at kuch bilan uning qoʻllaridan sudrab uyga olib kirdi, divanga oʻtqazib, xuddi yosh boladek tushuntira boshladi:
— Unday qilmang, Sabina. Siz ketganingiz bilan anavilarning fikri menga nisbatan yaxshilikka oʻzgarib qolmaydi. Ularning gapiga parvo qilmang. Bir hisobda ulardayam ayb yoʻq, ular odamlarni tartibga chaqirishni xizmat vakolati deb tushunishadi. Bunaqa gumrohlardan xafa boʻlish esa aqlli kishining ishi emas. Men yomon odam emasman, koʻrib turibsiz. Koʻzlarimga qarang... Men sizni juda yaxshi koʻraman. Chunki siz halol, farishtadek begunoh ayolsiz. Faqat ketmang...

Ayolning koʻzlariga yosh indi, oʻz xonasiga imo qilib, bu xonada qolmasligini tushuntirmoqchi boʻldi. Tal’at azbaroyi uning uydan bosh olib ketishidan qoʻrqar, bir vaqtlari xotini bilan sodir boʻlgan fojia takrorlanishidan juda qoʻrqardi. Shuning uchun unga ishonmasdi.
— Yoʻq, shu yerda qolasiz.

Sabina itoatkorona tarzda divanga yonboshlarkan, oʻzi uchun qadrli va aziz kishiga aylangan bu odamga qarab arang kulimsirab qoʻydi. Tal’at yon xonaga chiqdi va asabini tinchlantirish uchun uyqu dori ichdi, soʻng qaytib kirdi va shundoqqina polga toʻshalgan palosga choʻzildi.

...Tal’at yarim tunda uygʻonib ketdi. Divanda Sabina yoʻq edi. Tal’at sapchib oʻrnidan turdi-yu, eshikka otildi.

Oysiz, zulmatli tun. Yoqimsiz guvillagan shamol odam koʻnglida battar vahima uygʻotardi.

Tal’at hech qachon tundan bunchalik qoʻrqmagandi, qaytangga tunni yaxshi koʻrar va unga intilar, ana shu zulmatlarda hech kimga koʻrinmay yolgʻiz yurishni yaxshi koʻrardi. Xuddi ana shu zimiston tun Sabinani yutib yuborgandek tuyulib, koʻziga yomon koʻrindi. Beixtiyor oldinga intildi. U yoʻl-yoʻlakay chor-tevarakka, past-baland joylarga zoʻr berib tikilgancha ayolni axtarar edi.
— Sabina!..

Tal’at shu alfozda ancha yurdi. Nogoh katta yoʻldan ancha olisda joylashgan bir pastak, nurayman deb turgan eski uyga duch keldi.

Tal’at shoshilib borib eski eshikni tortdi. Eshik anchadan buyon ochilmay yotganidan zang bosib ketgan ekan, gʻichirlab ketdi. Katalakday xonada sham yonib turardi. Eski xontaxta yonida esa Sabina oʻtirgancha qogʻozga allanarsalar yozar edi. U kiraverishga ters oʻtirgani uchunmi, hech narsani payqamas edi. «Unga bu joy nima uchun kerak boʻldiykan?» Tal’at Sabinani choʻchitmaslik uchun bir pas jim turdi. Shu payt yon tomondan dahshatli tezlikda yaqinlashib kelayotgan ulkan mashinaning oʻtkir chiroqlari koʻrindi. Va bir soniyadan soʻng mashina uchib kelib uyga urildi...

Tal’at choʻchib uygʻonib ketdi. Tal’at qoʻrqa-pisa yoniga oʻgirildi va Sabinaning divanda uxlab yotganini koʻrdi-yu bu tushi ekanligini bilib xursand boʻlib ketdi.

Shundan keyin tong sahargacha mijja qoqma y chiqqan Tal’at ishga otlanarkan, hamon qotib uxlab yotgan Sabinaning ustiga adyolni yaxshilab yopib qoʻydi.

Oradan yarim soatlar chamasi oʻtgandan keyin Sabina ham uygʻondi. U yuzini yuvayotib, kechagi noxush voqeani koʻz oldiga keltirdi, bu yerda turishi yaxshi emasligini, gunohsiz odamni ortiqcha gap-soʻzga qoldirayotganini tushundi. Shundan keyin bir parcha qogʻoz olib, xat yozdi: «Men uyimga ketdim. Bu yerda ortiq qolishni va sizga ozor yetkazishni istamayman. Hammasi uchun rahmat».

Sabina sumkasini olgancha koʻchaga chikdi.

Sabina shaharga yetib olganidan keyin ancha yurdi. Axiyri koʻngli behuzur boʻlib, koʻzlari tinib ketayotganligiga chidolmay xilvatroq joydagi oʻrindiqqa oʻtirdi.

Kutilmaganda kimdir unga gapirganday boʻldi. Sabina boshini koʻtardi.

Oʻn yetti-oʻn sakkiz yoshlardagi qiz unga achinib qarab turardi:
— Mazangiz boʻlmayaptimi, opa? Kasalxonaga olib borib qoʻyaymi?

Sabina oʻzini majburlab jilmaydi:
— Rahmat, singlim. Shunchaki charchadim shekilli.

Qiz indamay nari ketdi.

Sabina esa joyida toʻrt soatga yaqin oʻtirib qoldi. U endi qanday yoʻl tutishni bilmayotgandi. Bir tomondan farzandlar sogʻinchi. Ikkinchi tomondan ish ham, joy ham topolmadi. Boshini egib borsa alkash eriga Xudo berib qolishi aniq. Keyin ta’na qilaverib koʻzini ochirmaydi...

Ammo boshqa nima iloj bor?

Sabina ogʻir xoʻrsindi.

Qorongʻulik tushib kelmoqda edi.

Juvon asta oʻrnidan turdi.

Qayoqqa boradi, qayoqqa?

Xuddi shu mahal...
— Sabina!.. — degan chorlov eshitilganday boʻldi.

Ovoz juda-juda tanishday edi.

Sabina ajablanib ovoz kelgan tomonga qaradi.

Xiyobon tomondan shu tomonga qarab Tal’at chopib kelmoqda edi.
— Sabina! Sabina! — deya hayqirardi u.

Juvonning tomogʻiga nimadir tiqilganday boʻldi...