OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Bashorat Omonova. Surat (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBashorat Omonova
Asar nomiSurat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Bashorat Omonova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Surat (hikoya)
Bashorat Omonova

Oʻsmir oʻn oltiga qadam qoʻydi. Beqaror hayot, moʻ‘jizakor tabiat boshqacha koʻrina boshladi. Oʻzini tushunadigan odamning suhbatiga intiq boʻla boshladi. Kim boʻlsa ham mayli... Lekin kim u? Oʻnidagi odamlarmi? Ular beparvo, loqayd. Tiriklik tashvishlariga koʻmilib qolishgan. Tengqur oʻrtoqlari, sinfdoshlarimi? Yoʻq...

Kundan-kunga oʻjarlashib, odamoviga oʻxshab qoldi. Faqatgina kitoblar uning sodiq sirdoshi, ajralmas hamrohi edi. U stol ustida turgan «Fizika»ga qarab qoʻydi. Oʻta murakkab, qora harflarga burkangan fizika qonunlari u oʻqigan ajoyib fantastika olamiga koʻpam yaqinlashavermasdi.

Eynshteyn... «Tabiatdagi hamma narsalar nisbiydir. Borliq nisbiy...». U qachon buni sezib qolgan, qay holatda iqror boʻlgan?

U oʻzi kashf etgan olamda tanho edi...

U stol ustiga kaftlarini tiragancha hovliga nazar tashladi.

Bu uy toʻsatdan kirib qolgan odamga sirli qasrday koʻrinishi shubhasiz. Otasi rassom edi. Rassom boʻlgandayam dongʻi ketgan, taniqli rassom edi. Oʻgʻli otasi chizgan rangtasvirlarni yaxshi koʻrar, otasi bilan faxrlanardi. Endi u payqagan voqealar shunday hashamatli xonadonlariniyam koʻziga gʻamgin va gʻarib koʻrsatardi.

Otasi boshqa bir ayolni sevib qolgandi. Oʻgʻli uning fe’lini yaxshi bilsa-da, odamovi boʻlib qolganining sababini ana shu sevgiga bogʻladi.

Otasining qiziq odatlari bor. Oʻzi yotadigan xonani doimo qulflab yuradi. Hech kimni kiritmaydi. Gohida onasi yotoqxona changlarini artib chiqadi xolos, ukalari boʻlsa eshik yaqiniga yoʻlashmaydi ham.

Otasi yotadigan oʻrinning bosh tomoniga chiroyli ayolning surati ilingan. Avvaliga, bola uni shunchaki yaxshi ishlangan san’at asarlaridan biri deb qaradi. Otasining tungi yurishlari, ichib jazavaga tushganda hamma narsadan kamchilik topib onasiga oʻdagʻaylashlari, hali goʻdak ukalarini zirillatishlari, soʻng esa oʻsha surat qarshisiga borib qadalib qolishlari, shundan keyin yuvosh tortib uxlashlarini oʻzicha kuzatgan oʻsmir aniq xulosaga keldi. Otasi xuddi shu suratdagi ayolni sevib qolgandi.
— Bechora onamning aybi nimada? — deb oʻyladi u. — Gunohi oʻqimaganligimi? Kecha-yu kunduz otamning injiqliklarini koʻtarib, keldi-ketdisiga qaraganimi? Hattoki, ayollar ham uyga kelib mashqlarini koʻrsatib ketishadi. Onasi bechora ularniyam beta’ma, malol kelmay kutib oladi, kuzatib qoʻyadi. Bu ayol ham ikkita rasm chizib: «Iltimos, shuni qarab bering», — degan. Otasi esa u chizgan suratdan ham koʻra, uning chiroyiga mahliyo boʻlib qolgan.
— Hayvonlar suratini chizishni yaxshi koʻraman, — degan ayol rasmlarini uzata turib, — manavi tulki bilan xoʻroz. Ikkoviyam ovga chiqqan.
— Boplabsiz, — telbalarcha tikilgan otasi, — juda chiroyli chiqibdi. Ikkoviyam yemish ilinjida yoʻlga chiqqan. Va kutilmaganda uchrashib qolishgan. Tulki xursand, xoʻroz esa... Hm..: Yaxshi...
— Oʻtiring, sizning suratingizni chizaman, — degan otasi.

Omadi kelgan juvon oromkursiga yalpayib oʻtiraqolgan. Chiroyli kulib bergan. Taniqli rassom bolalariga, xotiniga mehrsiz ekanini mana shu devonavor qiligʻidanoq bilib olgan...

Bola oʻrnidan turib, karavot suyanchigʻiga tiralgancha ingrandi. Bu olifta xotin oldida oʻzlarining nechogʻli tahqirlanganini, otasining qanchalar ojizligini koʻz oldiga keltirib beixtiyor yigʻlagisi keldi... Ehh, hammaning nazarida farovon, toʻkis tuyulgan hayotga ming la’nat. Onasi esa buncha sodda, buncha goʻl boʻlmasa. «Hech narsani sezmaydiyam, — gʻazabi keldi, — balki, sezar... Bolalari uchungina erining xiyonatiga koʻnib yashar».

Bu — dahshat. Bolaning koʻzlari katta-katta ochilgancha devordagi bir nuqtaga tikilib qoldi. Otasiga nisbatan tengsiz nafrat dilini oʻrtadi. Qaniydi, maktabni tezroq tugallasa-yu, bir chogʻroqqina kulba boʻlsayam topib, onasini, ukalarini olib bu uydan koʻchib ketsa.

Biroq hozir oʻzining ilojsizligini, onasi singari ojiz ekanligini tan olib battar siqila boshladi. Esini taniganidan buyon otasi ular bilan bir dasturxonda ovqatlanmaydi, ochilib gaplashmaydi. Ota boʻlib bolalarini suymaydi, erkalamaydi. Otasi hovliga kirishi bilanoq ukalari oʻyinlarini yigʻishtirib qochib qolishadi. Yaxshi yeb-ichish, kiyinishu mol-dunyo deb onasi otasiga qarshi hech narsa deyolmasligini his etib, bola qiynaladi.

Otasining yaqin doʻsti Yusuf amakining bir gapi esiga tushdi: «Katta oʻgʻling onasiga oʻxshaydi, xuddi onasi-a, qoʻyib qoʻyganday, yo tavba».
— Him, — otasining yoqimsiz ovozi eshitiladi. — Oʻxshamay qayoqqa borardi... Qoʻy... shuni eslatma hozir...

Bolaning alami keldi. Karavotga gʻujanak boʻlib yotib oldi.
— Anvar...

Kattakon gulli tovoqda qovurdoq koʻtargan onasi kirib keldi. Ovqatni stolga qoʻyib, oʻgʻli yoniga oʻtirdi. Hozirgina suzilgan ovqatdan xonaga yoqimli hid taralardi.
— Haliyam yotibsanmi, bolam, — kaftini oʻgʻlining peshonasiga bosdi, — hech qayering ogʻrimayaptimi?
— Yoʻq, hech joyim ogʻrigani yoʻq.
— Hozir oʻsadigan, suyaging qotadigan payt, yaxshi ovqatlanib, oʻzingga qarash oʻrniga, kundan-kunga ozib ketayapsan...

Bola onasining qoʻllaridan tutib koʻzlariga termuldi.
— Onajon! Siz biram yaxshi, biram yaxshisizki...
— Rostdan-a? — onaning yuzlari quvonchdan yorishib ketdi.— Biz juda baxtlimiz. Hamma narsamiz yetarli. Sogʻmiz. Qornimiz toʻq. Istagan narsangni olib berishga qurbimiz yetadi. Oʻgʻlim, sen hali yoshsan. Faqat yaxshi oʻqishni oʻyla. Ovqatingni yevol, sovib qoladi, — ketishga chogʻlandi u.

Onajonim... — ma’yus termulib qoldi bola. Yuragi gʻashlangani bois beixtiyor tezroq kech tushishini, tun boʻlishini istab qoldi. Jimlik, sukunat, qorongʻu tun va tushlar uning yolgʻiz ovunchi edi. Faqat tushlaridagina bir chiroyli, farishtamisol goʻzal nigoh uni avaylab olib yuradi, bir mehribon qoʻl silab-siypab, suyib-suyib erkalaydi. Soʻng, shirali ovozda ertaklar aytib beradi. Shunaqangi ajoyib ertaklarki!.. To esini taniganidan buyon bu sharpa uning sevimli hamrohi. Uning ertaklari tong yorishgach, uyqudan turishi bilanoq butunlay yodidan koʻtariladi, harchand uringani bilan hech eslolmaydi. Goʻyoki quyoshning beshafqat nurlari uning jozibador moʻ‘jizakorligini koʻmib tashlaydi. Goʻyoki ularni yolgʻonga aylantiradi. Xuddi hech qachon ular boʻlmagandek...

Toʻgʻri, onasi tushidagi oʻsha mehribon ayoldek yaxshi ertak aytolmaydi. Shundoq boʻlsa ham onasini juda yaxshi koʻradi. U yozuvchi boʻladi. Yozganlarini esa hech kimga koʻrsatmaydi. U faqat oʻzi uchun yozadi. Bu dunyoning ziddiyatlarini oʻzicha yechgandan soʻng, ularni qogʻozga tushiradi.

Muhabbat, sevgi haqida esa hech qachon yozmaydi.

Zamon yaralgandan buyon muhabbat eng oliy tuygʻu deb qaralgan. Uni boshidan oʻtkazgandan koʻra, his eta bilmagan odamlar toʻlib-toshib yotibdi dunyoda. Modomiki, sevgi telbalik, devonalik, oilasiga nisbatan befarqlikni keltirib chiqarar ekan, yaxshisi bu tuygʻudan begona boʻlgan ma’qul. Undan qochish kerak. Uning qahramonlari shijoatli odamlar boʻladi...

Ertasi kuni kutilmagan voqea yuz berdi. Otasi xona eshigini ochiq qoldirib, qoʻshnilarnikiga chiqib ketdi. Anvar yugurib ichkariga kirdi-yu, karavot tepasida ilingan ayolning suratiga qaradi.

Juda goʻzal ayol. Ilhom bilan chizilgan. Surat yoniga esa katta kartina ilingan. Pastida yozuv «Oy. Yarim tun». Diqqat bilan tikildi. Manzara juda tabiiy chiqqan. Qarashi bilanoq, kishi oʻzini goʻyoki oʻsha joyda turganday his qiladi. Gʻamgin daraxtlar. Katta-katta, shapaloqdek barglar oralab oyning yogʻdusi zoʻrgʻa yerga intiladi. Oy nurlari biram kuchsiz, biram ojiz. Bolaning yuragi uvishdi: buncha ogʻir manzara. Barglar oy yogʻdularini zamindan qizgʻanib tutib olishga harakat qilayotganday. Daraxt shoxlari esa oʻziga itoat qilmayotgan bebosh yaproqlaridan ozorlanib, boshlarini aybdorona quyi eggandi. Ajoyib chizilgan. Uf-f... Nimadir bor... Nimadir... Nigohi beixtiyor ayol suratiga qadalarkan, xayolan gaplasha boshladi «Nimaga kulasan? Bizning ustimizdan kulayapsanmi? Yo otamni telba, devonavor qilganingdan mamnunmisan? Ayt, uni bizdan begonalashtirib nimaga erishmoqchisan?!...

Sen... Sen goʻzal emassan. Eng xunuk ayolsan dunyoda. Ming la’nat senga. Men baribir oʻch olaman sendan, tinch qoʻymayman, — bola qachon, qay tarzda qasos olishini oʻzi ham bilmay oʻjarona qayta-qayta takrorlardi, — baribir oʻch olaman»...

Qadam sharpasidan xavotirga tushgan bola tezgina eshikka yoʻnalarkan, soʻnggi marta tun manzarasi chizilgan kartinaga qaradi — «Oy. Yarim tun...». Baribir bu yerda nimadir bor. Nima u?

Dahlizda ikki juft koʻzlar sovuq toʻqnashishgach, soʻzsiz oʻtib ketishdi. Oʻsmir sezdi — otasi faqat onasini emas, uniyam yomon koʻradi... Bola hali oldinda oʻzi uchun bundan ham iztirobli, noxush voqealar borligini tasavvur ham qilolmasdi. Bu toʻsatdan roʻy berdi.

Maktabdan ayni peshin vaqti qaytdi. Har doimgidek tayyor ovqatni yeb, ustidan sharbat ichdi-da, javondan «Sirli hodisalar antologiyasi» kitobini olib xonasiga yoʻnaldi. Dadasining xonasi ochiq edi, eshikdan sekin moʻraladi. Onasi supurib, sidirib xonani tozalayotgan ekan. Ajabo, onasi kutilmaganda hoʻl lattani polga tashladi-yu, quruq latta bilan stulga chiqdi. Soʻng, soʻng... anavi..: ayol portreti chetlarini arta boshladi. Xuddi shunday boʻlishi kerakdek. Anvarning ichidan bir ingroq kelib, shart ortiga burildi-yu, tashqariga otildi.

Payt poylab onasi xonadan chiqib ketishini kutib turdi. Soʻngra... Quloqlari shangʻilladi...

«Onasiga oʻxshaydi, oʻgʻling-a, xuddi onasi...». Oʻsmirning koʻzlariga alamli bir oʻkinch qalqib chiqdi. Karaxt tortgan miyasiga ana shu soʻzlar yarq etib urildiyu, shahd burilib xonaga kirdi. Suluv juvon suratiga qattiq nafrat bilan tikildi. Koʻz oldida hozirgina bu surat chetlari changlarini beparvo, betuygʻu artayotgan onasi koʻrindi.

Yoʻq, u onasiga oʻxshamaydi. Umuman, oʻxshamaydi. Oʻxshamasligini hozir isbot etadi. Birinchi oʻchini oladi bu ayoldan, faqat birinchisini. Oppoq choyshablar toʻshalgan karavotga ikkilanmay shippagi bilan chiqdi-yu, portretni devordan kuch bilan ajratib oldi. Mushti bilan bir urib ramkasidan chiqardi. Mana, u kulib turgan xushsurat juvonga juda ham yaqin kelib qoldi, istehzoli iljaydi.
—Mana boʻlmasa, — lablari alamli burilib suratni uzunasiga shart ikkiga yirtdi.

Soʻng, yana, yana...
— Toʻxta, yaramas... — togʻni titratgudek guldurak ovozdan choʻchib tushdi. Otasining yuzlari dahshatli edi.
— Nima qilib qoʻyding, axmoq, — polda yotgan surat parchalarini qoʻliga tutamladi, — uni nega yirtding, gapir!

Koʻzlari ola-kula boʻlib, oʻgʻliga tarmashdi.
— Gapir, hozir seni oʻldiraman, oʻldiraman...

Vahshiy hayqiriqni eshitgan ona ota-bolanining yoniga yugurib keldi:
— Voy, nima qilayapsiz?

Ayol oʻgʻlini ajratib olish uchun erining qoʻliga yopishdi.
— Qoʻyib yuboring deyman, sizga nima boʻldi, eh xudoyim-ey...
— Yoʻqol! — eri tirsagi bilan shunday turtdi-ki, ayol polga gursillab tushdi. Bola ikki qoʻllab bor kuchi bilan otasining koʻkragidan itarib onasiga otildi. Uni poldan turgʻizmoqchi boʻldi.

Rassomning ovozi bu safar yigʻlagudek ingranib chiqdi:
— Axir u... axir... u onangning rasmi edi-ku!!!

Bola polga choʻk tushgancha qotib qoldi. Onasi esa:
— Baribir aytdingiz-da shuni, — dediyu yigʻlagancha tashqariga chiqib ketdi.

Rassom boshini qoʻllari bilan changallangancha stulga oʻtirdi.
— Bu surat eng noyob nusxa edi. Uning qanchalar qimmatli ekanini bilsayding-a, nomard! — oʻziga oʻzi gapirganday davom etdi u, — uni oʻziga qarab chizgan edim. Xuddi mana shunday qarshimda oʻtirgan edi. Oʻshanda u qanchalar baxtli edi. Biz sening tugʻilishingni kutardik. U yetim oʻsgan edi. Qismat eng achchiq sinovlarni kichkinaligidanoq uning boshida sinab koʻrgan edi... Yaxshi yashashga, yashagandayam juda baxtli yashashga haqqi bor edi. Uning uchun kuchimni ayamadim. Puldor odamlarning buyurtmalarini, portretlarini kechasi bilan chizib chiqardim. Shunday kunlarning birida u sekin ortimdan kelib yonimga oʻtirgan. Faqat pul uchungina jon kuydirayotgan karaxt koʻzlarimga, charchoq vujudimga goʻyo taskin, kuch, orom bermoqchi kabi sening tugʻilishing yaqinligini eslatgan. Keyin, keyin shunday chiroyli tabassum qildi-ki... Hamma narsani yigʻishtirib, onangning portretini chiza boshladim.

Rassom polda gʻujanak boʻlib oʻtirib qolgan oʻgʻliga qattiq tikildi.
— Men endi hech qachon bunaqa surat chizolmayman. Sen mening yolgʻiz quvonchimdan judo qilding!

Yaxshisi... sen tugʻilmasliging kerak edi... U qanchalar qobiliyatli edi. Agar hozir tirik boʻlganda ajoyib yozuvchi boʻlardi. Shunday hikoyalar yozardi-ki, goʻyo she’rga oʻxshardi, — rassom goʻyo alamli, oʻta qaygʻuli judolik yillari orasida zoʻr berib, mashaqqat bilan eng yorqin damlarini terib olayotgandek toʻxtab-toʻxtab gapira boshladi:
— Oʻzimni qiynagan allaqanday, nomlab boʻlmas dardlarni, hayotning eng murakkab paytlarini oʻz-oʻzimcha tahlil etaman, ma’nosini anglagach qogʻozga tushiraman, derdi. U yozardi, men esa chizardim, u menga ranglar tanlab berardi. Biz qanchalar baxtli edik. Goʻyo ikkimiz bir odamdek edik. Bunday bir xil tabiatli odamlarning topishishi, ozod, hech ozorsiz muhabbat dunyosini qurishi, bilasanmi, yer yuzidagi juda kam insonlargagina nasib etgan. Sen uni mendan judo qilding. Sen menga umuman kerakmassan!

Rassom vujudiga allaqanday dahshatli kuch quyilib, koʻzlari olayib ketdi. Oʻgʻliga devonavor tikildi.
— Sen uni ikki marotaba oʻldirding, birinchisida kechiruvdim, bu safar bu qotilligingga yarasha jazo olasan. Men seni oʻldiraman!

U telbalarcha kela solib oʻgʻlini boʻgʻa boshladi. Itoatkorona, hayratli koʻzlar bilan bu dunyo allaqachon oʻzi uchun baribirga aylangan, sabr kosasi toʻlgan vahshiy nigohlar uchrashdilar. Shunda... Kutilmaganda rassomning qoʻllari shalvirab tushdi. Shart burildi-yu, toʻsatdan deraza tomon intildi.
— Uv-v-v...

U endi odam emas edi. Inson qiyofasidagi sher edi. Sher boʻlgandayam sayyod tomonidan eng nozik joyidan yaralangan sher edi. U endi bu tor xonalarga sigʻmasdi...

Allamahal, yarim tunda qaytgan rassom har doimgidan ham battar tund, oʻjar qiyofada edi. U sekin, sharpadek yurib oʻgʻlining xonasiga kirdi. Xona yorugʻ edi. Karavot tepasiga keldi. Rassom egilib uning yuzlariga tikildi. Uxlaganda ham chehrasi oʻkinchli, norozi edi. «Yigʻlabdi, bolam bechora, qovoqlari shishib ketibdi».

Rassom necha yildan buyon oʻgʻli ikkalasi orasida yoqimli yaqinlikni his etdi. Bola qadrdon, aziz tuyuldi. Beixtiyor uni quchoqlagisi, sochlaridan silab, erkalagisi keldi. Lekin uygʻotib qoʻyishdan choʻchidi. Koʻz-koʻzga tushsa yana qanday holat yuz berishidan xavotirlandi.

Endi e’tibor qildi, bola surat parchalarini shunday yopishtirib chiqibdiki, uzoqdan qaralsa hecham bilinmaydi. Yoniga borib sinchiklagan kishigina sezishi mumkin, gʻijimlariniyam tekislabdi!

Kulimsiradi. Chetlariga yaltiroq qogʻoz qilib, devorga osib qoʻydi. Soʻng, oʻgʻlining yostigʻi tagidan uchi chiqib qolgan qogʻozni qiziqsinib tortib koʻrdi. Xuddi shunday qiyofa chizishga harakat qilibdi. Alammi, oʻkinchmi, allanimadir xalaqit qilgan. Yoʻqsa, oʻxshatardi. Rassom bu ishni oʻgʻli eplay olishiga astoydil ishondi. Chiroqni oʻchirib, tunchiroqni yoqdi. Stulni oʻgʻlining karavotiga yaqinlashtirib oʻtirarkan, miyasiga xotiralar quyila boshladi...

Esladi. Oppoq palata. Yolgʻiz karavot. Xotinining soʻnggi kunlari... Oldiniga koʻp gaplashishga ruxsat etishmadi. Soʻng, sochlariga oq oralagan oʻrta yoshli doʻxtir:
— Mayli, qancha mumkin boʻlsa shuncha gaplashavering, — deb shart burilib joʻnab qoldi. Rassom sezdi. Uning koʻzlarida yosh bor edi. Otilib kirib, xotinini bagʻriga bosdi.
— Keldingizmi? Xudoga shukur, — xotini dardli pichirladi.

Soʻng u negadir ravon gapira boshladi:

Tuzalishim qiyin...
— Unday dema. Oʻtinaman, yolvoraman, unaqa demagin...
— Oʻlsam koʻp yigʻlamang, soʻz bering menga, kasal boʻp qolasiz. Keyin... Siz uylaning, xoʻpmi?
— Gapirma... kerakmas, — ingradi eri, — agar senga biron nima boʻlsa, men ham yashay olmayman.
— Yoʻq, gapimni boʻlmang. Doʻstu dushmanlaringiz oldida xor boʻlishingizni, hovlimizda faqat sukunat bilan gʻam yashashini xohlamayman. Bolalaringizning qiyqirib kulishlarini istayman...

U ogʻir-ogʻir nafas ola boshladi. Gapirish qiyin boʻlayotgandi. Keyin toʻsatdan esiga tushib:
—Oʻgʻlimni koʻrgim kelyapti. Uni avaylang, ismini Anvar qoʻying. Nur degani. Ma’yus otlarni yomon koʻraman... men endi boray...

Qoʻllari shalvirab tushdi...
— Yoʻq, — rassom oʻkirgancha unga tashlandi, — ketma!

Shundan soʻng, u uch yil uydan tashqariga chiqmadi. Uy ishxonaga aylandi. Qogʻoz, qalam, boʻyoq, ranglar uning dardlarga, iztiroblarga toʻlgan hayotining ovunchi boʻldi.

Chaqaloqni katta opasi oʻrab-chirmab yetti bolasi ustiga olib ketdi. Shu kunlarda opasidan yaqin suyanchigʻi, sirdoshi, koʻmakchisi yoʻq edi. Bor topgan-tutganini uning uyiga tashidi. Mashinasiniyam yangligicha pochchasiga berib qoʻydi. Qayerga bormasin jomadonini kiyim-kechaklarga toʻlgʻazib kelardi.

Bola toʻrt yoshgacha otasidan begonasirab yurdi. Gap uqadigan boʻlgach, har qalay ammasi ta’sirida boʻlsa kerak, otasini kutadigan, sogʻinadigan odat chiqardi. Bola tabiatan tund, indamas otasidan oʻzi qiziqtirgan barcha savollariga javob berishini talab qilardi, javobidan qoniqmaguncha holi-joniga qoʻymasdi. Gap orasida esa tinmasdan onasini soʻrar, yarasini battar yangilardi. Ammasi bola koʻngli uchun uning onasi uzoqda, faqat samolyot bilan boradigan joyda, doʻxtirda yotganligini, tuzalsa hademay kelib qolishini aytgan, yosh goʻdak yuragida yoqimli bir umid uygʻotgan, shunga ishontirgan edi. Bir kuni ichib kelganida, oʻgʻilchasi xarxasha qilib qoldi.
— Oyimni qachon olib kelasiz?..

Bunaqa savollariga biron nima vaj qiladigan ota ortiq dosh berolmasligini bilib, baqirib yubordi. Qachongacha chidash mumkin. Endi uning gap anglaydigan yoshi. Mayli bilsin. Qaytangga yolgʻonlarga chek qoʻyiladi. Umidi uzilib, hamma qiynoqlar barham topadi.
— Onang oʻlgan, tushundingmi? Seni tuqqan payt oʻlgan. Evaziga sen dunyoga kelgansan. Men uni oʻz qoʻllarim bilan koʻmganman, eshitdingmi? Qaro yerga mana shu qoʻllarim bilan oʻzim koʻmganman. Endi bilgandirsan uning qayerdaligini... — alam bilan stol ustidagi chiroyli vazani polga uloqtirdi.
— A-a-a!.. — bolaning koʻzlari katta-katta ochilgancha gʻujanak boʻlib oldi, soʻng tirishib, qaltiray boshladi.

Otasi kayfi uchib telefonga chopdi, qoʻshnilariga yugurdi...

Oʻgʻli bir oy kasalxonada yotdi. Yuragida jiddiy oʻzgarish bor, tutqanoq boʻlish xavfi yaqin, qattiq qoʻrqqan deyishdi. Opasi toʻqigan yolgʻonda erkak kishi his etolmaydigan allaqanday nozik sir yashiringanini tan oldi:
— Kechir, bolajon, men seni aldadim. Aroq ichgan edim, mast edim. Onang uzoqda davolanayapti. Bilasan-ku, axir, men har doim uni koʻrgani boraman.

Bolaning koʻzlari charaqlab ketdi. Baxt ufurdi. Ishonch gʻolib keldi. Goʻdak tez orada bu koʻngilsiz voqeani unutdi. Begʻubor tasavvurlari bilan yana topishdi. U endi hech qachon otasidan ona haqida soʻramasdi. Noxush gaplar eshitishidan, otasining fe’li yomonligidan, aldamchiligidan zada boʻlib qolgan edi.

Faqat soʻzsiz, sadosiz ma’yusgina koʻzlari bilan soʻraydi. Otasining nigohlari esa bema’no.

Rassom uylandi... Har qalay, oʻgʻli tuzalib ketgan boʻlsa-da, uni tez-tez doʻxtirlar koʻrigidan oʻtkazib turdi. Sogʻligʻi haqida qaygʻurdi. Vafot etgan xotinini yana tushida koʻra boshladi. Allazamondan buyon tushlariga kirmay qoʻygandi. Bolasiga ozor yetganini sezdimikan?

Bolasi kamdan-kam odamlargagina nasib etadigan moʻ‘jizaviy, muhabbatdan yaralgan edi-ku. Uni nohaq xafa qildi. Oldingiday kasal boʻp qolsa-ya!

Endi nima qilish kerak?.. Rassom oʻrnidan turib ayvonga chiqdi. Tamakini burqsitib ichiga tortarkan, yon tomondagi xonaga sovuq, beparvo nigoh tashladi...

U yerda qismatning eng azobli damlariga giriftor boʻlgan mehribon, munis bir AOʻL, jafo bilan limmo-lim qadahlarni har kuni simirayotgan sabr-toqatli AOʻL uch goʻdagi bilan qushday uxlab yotardi. Goh sovuqda bolalari usti ochilib qolishidan qoʻrqib, goh...

Rassom derazadan oqib kirayotgan tunga najot bilan bir pas termulib turdi-da, soʻng oʻgʻlining yoniga qaytdi. Egilib sochlaridan oʻpib qoʻydi. Derazadan esa qop-qora tun ichra bir nigoh ularga juda ma’yus, juda gʻamgin boqib turganday edi...