OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBaxtiyor Abdugʻafur
Asar nomiGʻurur (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Baxtiyor Abdugʻafur
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gʻurur (hikoya)
Baxtiyor Abdugʻafur

Yoshi oltmishlardan oshgan, gardishi va oynasi qalin koʻzoynagiyu sargʻayib ketsa ham boshidan tushmaydigan Margʻilon doʻppisi bilan qishloqqa taniqli boʻlgan Tohir domla endi yangi nom bilan odamlarning ogʻziga tushdi: uning toʻqqiz yashar nevarasi toʻp oʻynatib, antiqa hunarlarni koʻrsatayotganmish! Eng qizigʻi deng, nevarasiga Tohir domlaning oʻzi oʻrgatayotganmish! Umrida oyogʻi toʻpga tegmagan odamning bu ishi koʻplarning hayratini oshirdi. Qishloq guzaridagi qassobxonadan goʻsht olayotganda Tohir domla: «Endi, ukam, bu bollar «zborniy» deganini onasini Uchqoʻrgʻondan koʻrsatib qoʻydi! Bir mundogʻroq toʻp tepadigan, iligi baquvvatrogʻi bormi oʻzi! Ilgari bizzi davrimizda mahallamizdagi bollar tepadagi mahallaga yutqazib qoʻysa, kechasi bilan uxlolmay, toʻlgʻonib chiqardi! Oʻzicha bir-ikki pint oʻrganib, yutmaguncha qoʻymasdi. Bu yilgi oʻyinlarni koʻrdimu mana bu yerim kuyib ketdi», — u shunday deb chap koʻkragiga urib qoʻyibdi. «Endi-i, shu desang, haqiqiy oʻzbekning bolasini pitbolist qilaman deb, kenja nevaram bilan astoydil shugʻullanyapman! Bu bola oʻziga ikkita chiqadigan qolipda gʻisht quyib, oʻzidan katta aravada tuproq tashib oʻsyapti. Bolapaqirga «shu ishni qilasan!», desam hammasini qiladi. Ha, shunaqasidan chiqadi-da, qassob inim!», deb qilgan ishini izohlabdi.

Keyinroq qishloq maktabining direktori, yetmishinchi yillar urfidagi keng yoqali koʻylagiga galstuk taqib, quyoshda ancha uniqib, sargʻayib qolgan oʻris shlyapa kiyib yuradigan Abdurahmonov domla ham sobiq xodimini chorshanbabozorda uchratib qolib, gapga tutibdi. «Ha, domla, tinchlikmi?» «Tinchlik, domla, tinchlik, — Tohir domla bozorga olib tushgan qoʻyining arqonidan mahkamroq tortib gap boshlabdi. — Shu gʻurur degan narsa tinchimni buzganiga shunaqa boʻp qoldi. Hammasiga koʻnib ketaveradigan odam oʻzbekmi? Boksdan chempion boʻldikmi? Boʻldik! Kurashdan chempion chiqdimi? Chiqdi!.. Chiqmagani shu futbol qoldi, domla! Mana, domla, oʻzingiz matematiksiz, bir hisoblab koʻring-chi. Oʻzbekistonda qancha odam bor? Ha, oʻlmang, yigirma yetti milliondan oshib qoldik. Endi oʻzingiz bir oʻylab koʻring, shulardan nechtasi oʻgʻil bola? Shuncha qorakoʻzlardan nahot oʻn bittasi mana-men deb chiqmaydi! Chiqadi, domla, chiqadi! Faqat, mana bu yerida boʻlsa boʻldi! — Tohir domla yana chap koʻkragiga asta urib qoʻyibdi. — Agar shu yeri jiz etsa bormi, jonini tikib oʻynaydi!» Uning gaplaridan koʻngli koʻtarilgan Abdurahmonov domla: «Maktabda ishlab yurganida ham shunaqa ideyalari bor edi, boyaqishning!», deb oʻylab qoʻyibdi.

Keyingi mish-mishlar oldingisidan ham oshib tushdi. Endi Tohir domla kampiri va oʻgʻillarining hay-haylashiga qaramay, uyidagi ikkita sigirini ham shartta sottirib yuboribdi. Kampirining: «Qariganda bu nima qiliq?», deya bergan tanbehiga «Nevaralaring oʻrniga endi sen oʻt yulasanmi? Endi bu bollar jiddiy ishlar bilan shugʻullanadi. Yetar mol-qoʻy boqqani!», deb gapni kesib beribdi. Oʻgʻillar ham birdan toʻnini ters kiyib olgan otaga lom-mim deyolmay qolishibdi.

Maktabdagi fizruk — Sobir domla esa Tohir domlaning qilayotgan ishlarini koʻrib ensasini qotiribdi, hatto ichida andak hasad ham uygʻonibdi. «Fizkulturani oʻqimagan bola futbolni qaydan tushunsin!», deb domlani bir ezib qoʻyishni diliga tugib qoʻyibdi. Xullas, Sobir domla oʻsha dongʻi doston bola oʻqiydigan uchinchi sinfni toʻrtinchi sinfga qarshi qoʻyib, futbol oʻynatmoqchi boʻpti.

Chorshanba kuni choshgohdan keyin qishloq ahli maydonga yigʻilibdi. Maydonning bir tomoni terakzor, ikkinchi tomoni esa koʻlmak. Sobir domlaning oʻzi hakam. Tohir domla oʻyindan oldin xuddi tajribali murabbiydek koʻrsatma bera boshlabdi. Unga quloq solib turgan odamlarning kulgisi kelarmish.
— Endi, ota oʻgʻlim, bismillo, deb, oʻng oyogʻiz bilan maydonga chiqasiz, — Tohir domla tushuntirarmish. — Ey xudo, shu oʻtirganlarning oldida yuzimni yorugʻ qilgin, deysiz, boʻlmasam iloji yoʻq. Qoʻrqmasdan, nimani oʻrgangan boʻlsayiz, uyalmasdan oʻynayverasiz, tuzukmi?

May quyoshidan yanada qorayib ketgan, ozgʻindan kelgan, sochlari taqir qilib olingan Abdulla «xoʻp!», degandek bosh irgʻabdi.

Sobir domla hushtagini chalib, ikki jamoani maydonga tizibdi. Rang-barang kiyimdagi bolalar saflanishibdi. Shundoq qilib, oʻyin boshlanibdi. Oʻyin paytida Tohir domla deganini hech kim tanimay qolibdi. «Yo, piray! Shu oʻzimizning domlami?!» deganlar ham boʻlibdi. Ehtirosu qiziqqonlikka berilishda Skolariyu Mourinolarni ortda qoldirgudek emish. Goʻyoki oʻrtaga jahon kubogi qoʻyilgandek! «Ha, otam! Barakalla!», deya maydon chetida u yoqdan-bu yoqqa borib kelarmish.

Avvaliga muxlislar Tohir domlaning antiqa xatti-harakatlarini kuzatishgan boʻlsa, keyinroq maydondagi ajabtovur oʻyin hammani lol qoldirdi. Tohir domlaning nevarasi toʻp bilan shunaqa hunarlarni koʻrsata boshlabdiki, asti qoʻyaverasiz! Abdulla kalta-kalta qadamlar tashlab, raqiblarini birin-ketin aldab oʻta boshlabdi. U atrofini qurshagan besh-olti raqiblarga ham parvo qilmasmish. Xullas, oʻyin Tohir domlaning nevarasi «benefisi»ga aylanib ketibdi. Oʻsha oʻyinni koʻrgan Abdurahmonov domla keyinchalik gap-gashtaklarda, toʻy-u hashamlarda: «Odam bolasi ham shunchalik hunar koʻrsatadimi, xuddi tsirkdagi artistning oʻzi!», deyishdan charchamadi.

Odamlar hayrat va taajjubda edilar. Hammadan ham Tohir domla terisiga sigʻmay quvonar, yosh boladek irgʻishlardi. Qoʻyib bersa, maydonga yugurib kirib, oʻyinga qoʻshilib ketgudek edi. Qoʻying-chi, oʻsha kuni qishloq ahli koʻp gʻaroyibotlarni kashf qilibdi: futbol murabbiyi Tohir domla, yangi yulduzcha Abdullajon... Oʻsha oqshom odamlar yosh futbolchi haqida turli taxminlarni gaplashib, uy-uylariga qaytishibdi. Ayrimlar agar bu bola shu ketishda boʻlsa uzoqqa borishni ham bashorat qilishibdi.

Keyingi bozorda Abdurahmonov domla «yangi murabbiy»ni uchratib, ishning sirini soʻrabdi. Tohir domla boyagi mashhur doʻppisini qoʻliga olib, boshini qashlab gap boshlabdi.

— Endi, domla, oʻzizdan qolar gap yoʻq. Oʻziz ham jahon chempionati boshlansa, televizorning tagiga yotvolasiz. Serial-perial degan narsaning nomi oʻchadi. Bir eslab koʻring, futbolni qanday oʻynashadi, — Tohir domla Abdurahmonovning javobga ogʻiz juftlaganini koʻrsa ham, oʻzi davom etibdi. — Birinchi qandoq qiladi? Ha, oʻlmang! Toʻp oshirib, oshirolmasa, aldab-aldab oʻynaydimi? Shundoq! Xoʻsh, shundoq ekan, birinchi navbatda nima kerak? Toʻpni sezish. Nevaramizni koʻrdizmi oʻzi? Toʻpga chayondek yopishadi. Uni aldab ketishlariga chidolmaydi. Toʻpdan ajralgandan koʻra oʻlib qoʻya qolishni ma’qul koʻradi. Uni mana shu gʻurur, oriyat pitbolist qilyapti. Mening hay-haylashim tuyaga madad-da.