OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBaxtiyor Haydarov
Asar nomiSohibqironning qilichi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Baxtiyor Haydarov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 49-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sohibqironning qilichi
Baxtiyor Haydarov

Temuriylar tarixi davlat muzeyining burchagida oyna ostida bir surat bor. Damashqiy qilichning surati. Uning tagida qisqagina izoh yozilgan: «Amir Temurning qilichi».

Suratda damashqiy qilichning sopi va bir qarichcha qismi aks etgan. Uni koʻrgan kishida daf’atan shunday fikr tugʻiladi: bu qilich fototasvirga olinganiga qaraganda hozir ham bor ekan-da! Sohibqiron bobomizning qilichi qaerda saqlanmoqda?

Sohibqiron «Tuzuklar»ida shunday yozgan:

«Qilich koʻtarib jang maydoniga otildim va shu tariqa dunyoda nom chiqardim».

Naql etilishicha, Sohibqironning padari buzrukvori Amir Taragʻayga tushida nuroniy bir zot qilich hadya qilgan ekan. Amir qilichni qoʻliga olib havoda oʻynatganida qilich yuzidan taralgan nurdan olam yorishib ketibdi. Amir Taragʻay tushini piri Amir Kulolga aytganida u bir oʻgʻil tugʻilajagi va qilich bilan dunyoni fath etib, islomu imon uchun katta ishlarni amalga oshirajagini bashorat qilibdi.

Amir Temur «Tarjimai hol»ida aytishicha, hayoti mobaynida besh narsaga qat’iy e’tiqod qoʻyib, ularga doimo amal qilgan: Olloh, tafakkur, qilich, imon va kitob (bitik)dir.

Sohibqiron yoshligidan qilich kuchi ustuvor boʻlgan muhitda oʻsib-ulgʻaygan. Ammo islomiy ta’limotni chuqur oʻzlashtirgan Amir Temur Amir Kulol va Abubakr Toyobodiy kabi piri komillarning nasihatlariga amal qilib harbiy qudratni adolatga xizmat qildirdi.

«Qaysi ishni chorayu tadbir bilan bitirishning iloji boʻlsa, unda qilich ishlatmadim», — deydi Sohibqiron.

Amir Taragʻay oʻgʻlining katta hayot yoʻliga qoʻlda qilich bilan chiqayotgani va umuman, unda bahodirona jangovarlik xususiyatlari ustunligidan nihoyatda sevinadi...

Amir Temur qilich oʻynatish mahorati tufayli hayotidagi juda qaltis vaziyatlardan sogʻ-omon chiqishga muvaffaq boʻlgan.

1362 yili Amir Temur rafiqasi Uljoy Turkon bilan birga Mohon hokimi Alibek Joniqurboniy navkarlari tomonidan tutqunlikka mahkum etiladi. Oʻshanda boʻlajak jahongir 26 yoshda edi.

«Burgasi koʻp qorongʻi uy»dagi oltmish ikki kunlik tutqunlik!

Oʻsha alamli chogʻlarda Amir Temur, agar bu zulmatdan xalos boʻlsam, hech bir kimsani, avval aybini aniqlab olmasdan qamamayman, deya Olloh taolo nomi bilan qasamyod qiladi.

«Tuzuklar»da keyingi voqealar oʻziga xos vazminlik bilan shunday hikoya qilinadi:

«Undan qutulish chorasini izlab, oʻz-oʻzim bilan kengashdim va Tangrining inoyati yetib, bahodirligim tutdi. Kuchli va chaqqon bilaklarim ish berib, soqchilardan birining qoʻlidan qilichini tortib oldim-da, ularga hamla qilgan edim, barisi qochib qoldi.

Qilich koʻtarganimcha, toʻgʻri Alibekning ustiga bostirib kirdim. Meni koʻrgach, hushi boshidan uchdi. Qilgan nomunosib ishidan pushaymon boʻlib, mendan uzr soʻradi. Otlarimni, yaroq-jabduqlarimni hozirlatib, menga bir oriq ot va bir qari tuya tortiq qilgan boʻldi. Ogʻasi Muhammadbek menga atab yuborgan bir qancha sovgʻa-salomlarini esa ochkoʻzlik qilib oʻziga olib qoldi. Soʻng ketishimga ruxsat berdi».

Oltmish ikki kun nohaq azoblangan bahodir qoʻlida qilich, koʻzlari yonib sherday vajohat bilan gʻanimning qarshisida toʻsatdan paydo boʻlishini tasavvur qiling! Intiqom oʻtida yongan yigit bir zarb bilan zolim hokimni narigi dunyoga joʻnatishi mumkin edi. Ammo u qasos olishga shoshilmaydi. «Tarjimai hol»da yozilishicha, xuddi shu damda Alibek Joniqurboniy ogʻasi Muhammadbekdan noma olgan boʻlib, unda Amir Temurga yordam koʻrsatish soʻralgan edi...

«Qilichim oʻtkir boʻlsa-da, oʻylab qinidan chiqardim, shirin soʻz aytib, gʻanimning imon topmogʻiga yoʻl ochdim», — deydi u.

Sohibqiron hayotida uning oʻzi bevosita dushmanga yuzma-yuz kelib, bahodirona jang qilgan damlar ham koʻp boʻlgan. Oʻz hukmdorining jangdagi shaxsiy jasorati lashkarlarga nechogʻliq qudratli ruh bagʻishlashini tasavvur etish mumkin! Ana shunday janglarda Sohibqiron oʻz qilichini naqadar sharaf va nomus bilan tutganligi haqida juda koʻp misollar bor:

1379 yili uchinchi marta Xorazmga yurish chogʻida Xorazm hokimi Yusuf Soʻfining boshiga qiziq fikr keladi. U ikki taraf kishilarining qoni toʻkilmasligi uchun oʻzi Amir Temur bilan yakkama-yakka olishmoqni istaydi. Sohibqiron bu taklifga rozi boʻladi. Amir Sayfiddin barlos unga oʻzining qimmatli hayotini tahlikaga solmaslikni tavsiya qilsa-da, Amir Temur uning gapiga kirmay, jang maydoniga bir oʻzi yetib kelib, «juda qattiq tovush bilan dushmanini chaqirdi» (Herman Vamberi). Behad tahlikaga tushgan raqib esa oʻz da’vatidan tonib, jang maydoniga chiqmaydi. Tarixchining yozishicha, jang arafasida oʻzini yoʻqotib qoʻygan Yusuf Soʻfi raqibining haqoratlarini unsiz tinglab oʻtirishdan boshqa iloj topolmaydi.

Solnomada ushbu jang bilan bogʻliq yana bir e’tiborli voqea darj etilgan: koʻp oʻtmay, Amir Temur qarorgohiga Termizdan qovun keltirishadi. Sohibqiron oltin patnisda raqibiga qovun yuboradi. U qovunni suvga uloqtirib, patnisni mulozimlaridan biriga sovgʻa qiladi. Amir Temur Yusuf Soʻfiga Termizdan keltirilgan qovunni yuborib, unga nomardlik qilib jang maydoniga chiqmaganligi, uning nomaqbul xatti-harakatiga ramziy ishora qiladi. Ma’lumki, azaldan Termizga «Mardlar shahri» degan ta’rif berilgan. Bu ishorada mardlar shahridan kelgan qovunni yeb, senga ham ozgina mardlik yuqsin, ma’nosidagi shama bor edi.

1393 yil mayida Sheroz yaqinidagi jang ayniqsa qaltis kechgan. Bu haqda frantsuz tarixchisi Lyusyen Keren shunday yozadi:

«Toʻs-toʻpolon orasida asosiy qoʻshindan ajralib qolgan Temur va uning xos mulozimlarini koʻrgan Shoh Mansur oʻziga sodiq askarlari bilan ular ustiga otildi.

Shoh Mansur koʻz ochib-yumguncha Amir Temur qarshisida paydo boʻldi. Uni koʻrgan Temur qoʻriqchisidan nayzasini olmoqchi boʻlib oʻgirildi, biroq yonida hech kim yoʻq edi. Fursatdan foydalanib, Shoh Mansur shamshiri bilan uning boshiga ikki zarba tushirdi.

Dubulgʻaning mustahkamligi va, ayniqsa, ikkala safar ham dubulgʻasining silliq tomonini tutib bergan Temurning sovuqqonligi tufayli shamshir sirgʻalib ketdi.

Biroq Shoh Mansurning ajali yetgan edi... »

Voqeaning davomi haqida «Temur tuzuklari»da quyidagilarni oʻqiymiz:

«Agar gʻanim bostirib kelib chopovul, shiqovul, barongʻor va javongʻor favjlarini mahv etib, oʻzini lashkarning qoʻl favjiga yetkazsa, u chogʻda sulton shijoat oyogʻini sabr uzangisiga mahkam tirab, dushmanni daf qilib yoʻqotish uchun oldinga tashlansin. Chunonchi, men Shoh Mansur bilan jangda shunday qildim. U oʻzini menga yetkazdi va u bilan yuzma-yuz toʻqnashdim, toki uni halokat tufrogʻiga qormagunimcha urushdim».

Dogʻiston, 1395 yil. Terek sohili. Ulugʻ Amir koʻrnamak Toʻxtamishga qarshi uchinchi bor lashkar tortishga majbur boʻladi. Shu yilning 15 aprelida Terek daryosi sohilida qudratli Oltin Oʻrda davlati taqdirini hal etgan ulkan muhoraba boshlangan. Koʻpsonli, yaxshi qurollangan, tajribali va makkor yov ustidan zafar quchishda sarkardaning buyuk mahorati va jangdagi shaxsiy ibrati asosiy omil boʻldi. Jang asnosida dushmanning saralangan guruhi Shoh Mansurning qoʻlidan kelmagan ishni amalga oshirishga, ya’ni Movarounnahr lashkarlarini talvasaga solish uchun Amir Temurni oʻldirmoqchi boʻladilar. Shu maqsadda ular Sohibqironni qoʻriqchilaridan ancha uzoqqa chalgʻitib, tezda bir necha askari bilan qurshab oladilar. Colnomachining yozishicha, «kamonining oʻqlari tugagan, nayzasi singan» Amir Temur «shamshirini tinmay ishlatib» oddiy navkar kabi mardona jang qilgan.

Yuqoridagi kabi ne-ne tarixiy damlarga guvoh bu shamshir! Amir Temur qilichining keyingi taqdiri qanday kechgan?

...1405 yil, 18 fevral. Oʻtror hokimi Berdibekning saroyida buyuk lashkarboshi, davlat arbobi Amir Temur ibn Taragʻay uch marta «Lo iloho illo Olloh», deya takrorlab jon berdi. Shunday qilib, Xitoy ustiga yurish rejasi uning vafoti tufayli bekor qilindi va Amir Temur jasadini Samarqandga olib borish Xoʻja Yusufga topshirildi.

Tarixchi Ibn Arabshohning yozishicha, dastlabki vaqtlarda Amir Temurning qabri ustiga uning qimmatbaho liboslari yopilgan. Xonaning devorlariga esa uning jangovar yaroq-aslahalari osib qoʻyilgan. Bu jihozlarning barchasi qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan boʻlib, eng arzonining bahosi bir viloyat soligʻining bahosiga teng kelardi. Gumbazning shiftida esa osmondagi yorqin yulduzlar misoli oltin va kumush qandillar osilib turardi. Maqbaraning ichiga ipak va baxmal gilamlar toʻshab qoʻyilgan.

Maqbara ichini bunday oshiqcha narsalar bilan bezash shariatga toʻgʻri kelmas edi. Shuning uchun 1409 yilning may oyida Samarqand taxtini egallagan Shohrux Mirzoning buyrugʻi bilan bu yerdagi oshiqcha ashyolar yigʻishtirilib, qimmatbaholari xazinaga topshirildi. Balki, ularning ichida Sohibqiron shamshiri ham boʻlgandir? Har holda, maqbara ichidagi qimmatbaho buyumlar 1409 yilgacha turgan boʻlsa, demak, isrofgar shahzoda Xalil Sultonning hukmdorlik davridan «talofatsiz» chiqqan, deyish mumkin. Sohibqironning «eng arzoni bir viloyat soligʻining bahosiga teng keladigan» jangovar aslahalari va yaroqlari xazinada qancha vaqt saqlangan ekan? Tarixiy manbalarda Amir Temur qilichi va yarogʻ-aslahalari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar uning vafotidan soʻng oradan 300 yildan ziyod vaqt oʻtgach, yana tilga olinadi. Ammo bu gal... Keling, millatimizning eng tushkun va alamli kunlari tarixiga bir nazar solaylik.

Samarqand, 1740 yil...

Ashtarxoniylar sulolasining soʻnggi vakili Abulfayzxon hukmronligining soʻnggi kunlari. Mahalliy toʻralar va urugʻlar oʻrtasidagi tinimsiz qonli nizolar oqibatida Buxoro xonligi nomigagina davlat sifatida yashayotgan edi. Yurtga yov kelganda, davlatni parokanda qilgan bu amaldorlar yurtning bor-bud boyliklarini yovga peshkash qilishdan oʻzga chora topmadilar...

1740 yili Eron shohi Nodirshohning qoʻshini Samarqandni bosib olganida qoʻlga kiritilgan oʻljalar qatorida Amir Temurning qilichi, sovuti, Amir Temur jome’ masjididagi yetti xil ma’dan qotishmasidan yasalgan darvozani va hatto qabriga oʻrnatilgan yashm toshini ham toʻp kanorasiga ortilib, Mashhadga olib ketilgan. Bu haqda Nodirshohning saroy muarrixi yozib qoldirgan ekan. Koʻp oʻtmay yashm toshi oʻz joyiga qaytarilgan, ammo darvoza, sovut va qilichning daragi noma’lum.

...Qilich haqidagi keyingi ma’lumot oʻtgan asrning boshlariga tegishli. Ingliz olimi Jekson 1903 yilda Amir Temur qilichini Tehrondagi saroy muzeyida koʻrganligini yozib qoldirgan.

«Saltanat toʻnini kiygach, tinchligu sogʻligim ketdi, oʻz toʻshagimda rohatda uxlash huzur-halovatidan voz kechdim», - deb yozgan Sohibqiron bobomiz oʻz «Tuzuklar»ida. Afsuski, hukmronlik taxtiga oʻtirgan keyingi sulolalar gʻaflat uyqusiga berilganlar. Vaholanki, Amir Temur oʻgitlari barcha avlodlar uchun birdek dasturamal boʻlishi lozim edi.

Mabodo Tehronga yoʻlingiz tushsa, jahongir bobokalonimizning qilichi saqlanayotgan muzeyni borib koʻring.

Taqdirni qarangki, Turon sultoniga tegishli bu qilich jahongirning vatanidan yiroqda turibdi. Uni keyingi avlodlar saqlay olmadilar, Sohibqiron vasiyat qilganidek, «nomus va sharaf bilan» tuta olmadilar. Bu bebaho merosga munosib egalik qila olmadilar!

Sohibqiron qilichi! U osoyishtalik, omonlik va adolat shamshiri. U qaysi yurtda boʻlsa, oʻsha yerda qudrat, osoyishtalik, toʻkinlik va adolat ustuvor boʻladi!

Orzuga ayb yoʻq. Bu qilich istiqlolga erishgan avlodlarga qaytarilsa, naqadar ulugʻ ish boʻlar edi. Bu qilich qarshisida mustaqil yurtimiz askar oʻgʻlonlarining «Harbiy qasamyod» marosimlari oʻtkazilsa, naqadar yarashardi!

Buyuk Sohibqiron bobomizning vasiyatini doimo yodda tutaylik:

...Men kibi uzun saltanat surmak istasangiz, qilichingizni yaxshi oʻylab chekingiz. Bir da’fa chekkandan soʻngra-da uni ustalik-la qoʻllangiz. Orangizga nifoq tuxumlari ekilmasligi uchun koʻp diqqat boʻling...