OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBegali Qosimov
Asar nomiQalblardan oʻchmagay nur
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Begali Qosimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 4-sonidan olindi
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qalblardan oʻchmagay nur
Begali Qosimov

Bu yil Behbudiy tavalludiga 130 yil toʻladi. Bu nom shoʻrolar zamonida uzoq yillar xalqimiz xotirasidan sitib chiqarildi, tilga olinmadi. Tilga olinganida ham «millatchi», «xalq dushmani», «Vatan dushmani» kabi tavqi la’natlar bilan eslandi. Ayrim sovet olimlari esa uni johillikda, ma’rifatsizlikda aybladilar. Holbuki, tarix tamom boshqa edi.

Mana ayrim e’tiroflar:

«Siyosiy, ijtimoiy faoliyati va bilimining kengligi jihatidan Turkistonning oʻsha vaqtdagi jadidlaridan unga teng keladigani yoʻq deb oʻylayman» (Fayzulla Xoʻjayev).

«Mahmudxoʻja Behbudiy uygʻonish davri oʻzbek adabiyotida birinchi oʻrinni olurgʻa loyiq zotdur» (Hoji Muin ibn Shukrulla).

«Turkistonda yangi adabiyot maydonga keldi. Bu men uchun kutilgan hol edi... Turkistondagi yangi adabiyotning markazi, chamasi, Samarqanddir, yosh adiblarning bosh ilhomchisi deb esa Samarqandlik mufti Mahmudxoʻja Behbudiyni e’tirof etmoq kerak boʻladi» (akademik A.N.Samoylovich).

«Oʻzbek milliy adabiyotini boshlab bergan, uning negiz toshini qoʻygan Behbudiy bilan Fitrat edi» (Zarif Bashiriy).

Bu e’tiroflarni uzoq davom ettirish mumkin.

Bu nom siyosat dunyosida Buxoro amiridan Turkiston general-gubernatorigacha, hatto soʻnggi oqpodsho ikkinchi Nikolaygacha ma’lum edi. Uni Rusiya jadidchilik harakatining tan olingan rahnamosi Ismoilbek Gaspralidan mashhur «Shoʻro» jurnali muharriri Rizoiddin Faxriddingacha, sibirlik oʻzbek Qozi Abdurashiddan Sorbonna universitetida dars bergan Sadri Maqsudiygacha juda yaxshi bilar va yuksak qadrlar edilar. Mashhur Zaki Validiy Behbudiyning 1917 yil aprelda Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiston musulmonlarining 1-qurultoyidagi nutqi oʻlka ziyolilarining fikrini milliy istiqlol tomon burib yuborganini mehr va ixlos bilan tilga olgan edi.

U xiyonatkorona qatl qilinganida oʻnlab marsiyalar yozildi. Bu marsiyalar birgina e’tirof emas, e’tizor va e’tiroz ham edi. Vatan va Millatning oʻz ulugʻ farzandini qadrlay olmaganlik, asray olmaganlik e’tizori edi. Vatan va millat farzandlarining xiyonatkor zamonga e’tirozi edi. Ayrimlarini xotirga olaylik. Jumladan, Sadriddin Ayniy yozadi:

Sani mundin buyon Turon koʻrolurmu, koʻrolmasmu?
Saning mislingni Turkiston topolurmu, topolmasmu?!
San, ey ustodi oliyshon, eding a’jubai davron,
Otingni tilga har inson, buyuk hurmat-la olmasmu?!
Saning tarixi davroning, saning osori irfoning,
Saning noming, saning shoning jahon qoldiqcha qolmasmu?!

Mana bu parcha uning Behbudiy qatlgohiga xitoban aytgan she’ridan:

Bir dasti riyo, dasti jafo, dasti xiyonat
Mumkinmi sani aylasa, ketdikcha siyosat?!
Yoʻq, yoʻq kelur albat, kelur albat,
Zolimlari tard etmaga, mahv etmaga navbat!
Ey qotila, ey fojira, ey fitnai Turon!
Turon eli fitnang ila boʻlsunmu parishon?!
Bir kun kelur albat, ojizlara navbat...

Mashhur Fitrat unga bagʻishlagan she’rini «Behbudiyning sagʻanasini izladim» deb sarlavhalaydi. Istibdodga qarata: «Otamning qabrini qay yerga yoshurdung?! Bot soʻyla!...» deb bong uradi.

«Belgisiz qabringni qaro tunlarda
Amalimning sham’in yoqib izladim», —

deb boshlanardi Choʻlponning she’ri.

Behbudiyni xoinona, pinhona oʻldirdilar. Hayotining har bir soniyasi xalqining nazari, e’tiborida kelgan shunday farzandining oʻlimi salkam bir yilin keyin ma’lum boʻldi.

Bu 1920 yil edi. Millatning «Millat!» degan farzandlarini qaychilab turishni qoida qilgan sovet hukumati riyokorlikni oʻrniga qoʻydi. Goʻyo xalq motamiga «sherik» boʻldi. Behbudiy nomiga koʻchalar, maktablar qoʻydi. Hatto u qatl etilgan Qarshi shahri 11 yil Behbudiy nomi bilan ataldi. Holbuki, Turkiston Behbudiyga motam tutib turgan oʻsha 1920 yili yana bir mashhur jadidimiz, 1909 yili Lev Tolstoy bilan xat yozishgan Ubaydulla Asatillaxoʻjayev Moskvada «chaquv» bilan qoʻlga olinib, «Butirka»ga qamoqqa tashlangan edi. Bir yil oʻtar-oʻtmas, Toshkentda Munavvarqori qamoqda oʻtirib chiqdi. 1921 yili Fitrat va uning bir qator safdoshlari masalasi RKP(b) MK Siyosiy byurosida koʻrilib, Stalinning bevosita koʻrsatmasi bilan Buxorodan badargʻa qilingan edilar. Hatto Qarshiga Behbudiy nomi berilgan oʻsha 1926 yili Abdulla Qodiriy qamalib, Choʻlpon va Fitratga hujjat tayyorlab qoʻyilgan edi. 1931 yili esa, ilk qatagʻonlar boshlandi. Behbudiy nomi tobora kam tilga olina boshladi. Mash’um 37-yili esa, tamoman xotiradan oʻchirildi.

Biroq uni qalblardan oʻchirib boʻlmadi. Mustaqillikni qoʻlga olishimiz bilan «esimizga tushgan» birinchi ma’rifatchimiz Behbudiy boʻldi. Uning esimizga birinchilardan boʻlib tushishining sabablaridan biri shuki, u koʻtargan masalalar Vatan va Xalq taqdiri, millatimizning hayot-mamoti bilan bogʻliq masalalar ekan. Insoniyat, umumiy emas, konkret tushuncha ekan. U millatlar qiyofasida namoyon ekan. Har bir millat jahon hamjamiyatining teng va toʻlaqonli a’zosi boʻlmogʻi uchun taraqqiy topmogʻi, haqini ajratib olmogʻi uchun bilim va ma’rifatga ega boʻlmogʻi lozim ekan.

Behbudiyning butun faoliyati va ijodi shunga qaratilgan edi.

Taqdir unga Turkiston jadidchilik harakatining rahnamosi boʻlishdek sharaf va mas’uliyatni nasib etdi. Ismoilbek birinchi marotaba Samarqandga kelib, ilk usuli jadid maktabi ochgach, birga olib kelgan shogirdi Majid Gʻanizodaning 40 kunlik darsini kuzatgan va ushbu ishga bel bogʻlagan 1893 yilda —fojiona oʻldirilgan 1919 yilga qadar boʻlgan 26 yillik faoliyati Vatan va Millatga xizmat qilishning betimsol namunasidir.

Behbudiy, birinchi navbatda, muallim edi. Turkistondagi yangi maktablarning nazariyotchisi va amaliyotchisi edi. U oʻzining qizgʻin ijodiy va amaliy faoliyati bilan millat muallimi, Turkistonning ma’naviy rahnamolaridan biri darajasiga koʻtarildi.

Behbudiy buyuk ma’rifatchi edi. Ma’rifat shunchaki bir ilm-fan va uni targʻib qilish-u, ma’rifatchi shularni bajaruvchi, degani emas. Tarix ilm-fanni qoyilmaqom egallagan, lekin osmondagi chaqinday besamar ketgan yoxud yashin boʻlib, obod yerni barbod etgan oʻnlab, hatto yuzlab daholarni biladi. Ma’rifat ilm-fanning qalblarga bergan ziyosidir. Bu ziyo yoquvchi emas, yorituvchidir.

Behbudiy chinakam millatparvar edi. U hech qachon oʻz millatini boshqa bir millatga qarshi qoʻymagan, aksincha, dunyodagi barcha millatlarga, shu jumladan, Rus va Ovroʻpo millatlariga mehr va muhabbat bilan qaragan keng fikrli ma’rifatchi edi. U tilni, shu jumladan, Ovroʻpo tillarini ilm-fan kaliti deb hisobladi. «Ikki emas, toʻrt til lozim» deb chiqdi. Har bir turkistonlik oʻz ona tilidan tashqari fors, arab, rus, hatto fransuz tilini bilmogʻi kerak, aks holda dunyo bilan barobar yashab boʻlmaydi, degan fikrda edi.

U millat ravnaqi uchun universitetlar lozimligini dil-dildan his qildi. 1918 yili Toshkentda ochilgan Turkiston musulmon dorulfununini chin yurakdan tabrik etdi. Oʻsha yili Samarqandda uning shoʻ‘basini ochib, bugungi Milliy universitetimizning maydonga kelishida oʻzining munosib hissasini qoʻshdi.

Behbudiy tarixni tarbiyaning buyuk vositasi deb bildi. Milliy shuurni tarix shuuridan, oʻzlikni tanishni tarixni tanishdan izladi. Tarix bilan bogʻlovchi qadim an’analarimizni mahkam ushladi. «Qabilasining ismini va yetti otasining otini bilmaydiganlarni «qul» «marquq» derlar», deb yozdi. U millatning sha’nini har narsadan baland tutdi. Kelgindi toʻralar Turkiston xalqining qadim jahoniy shuhratini eslatib turuvchi nomini tilga olishni oʻzlariga ep koʻrmay, «sarti»,»tuzemsi» deb ataganlarida buni haqorat bildi, matbuotda qizgʻin bahslar uyushtirib, millat sha’nini, nom-nomusini himoya qildi. N.Ostroumovning rasman «fitnachilik», «siyosiy igʻvogarlik» kabi ayblovlariga qaramay, boshini garovga qoʻyib, millatni oʻz oti bilan atamoqliklarini talab qilib chiqdi.

Jadidchilikning bosh gʻoyalaridan biri millatni uygʻotmoq, uni yangi turmushga tayyorlamoq edi. Bu degani jaholat va nodonlikka, xurofot va bid’atga qarshi kurashmoq edi. Soʻnggi toʻrt asrlik tanazzul va, ayniqsa, rus istilosi tufayli oʻzining zakiylik, shijoatlilik, tirishqoqlik, topagʻonlik, ahillik, mehnatsevarlik, xushaxloqlik, ayniqsa, erk va bilimga chanqoqlik kabi asliy xususiyatlarini yoʻqotib, oʻz-oʻzini mahv etib borayotgan millatni uygʻotish, unga oʻzligini anglatish kerak edi. Uni kundan-kun xor va zalil qilayotgan «kim oʻzarga» toʻylardan, aqidaparstlikdan, «Madaniyat» niqobi ostida kirib kelayotgan «vahshiylik»dan saqlamoq kerak edi. U oʻzining butun ongli faoliyatini shunga qaratdi. Shu yoʻlda qurbon boʻldi. Lekin jisman mahv etilgan boʻlsa-da, uning nomi, millatning nurli istiqboli yoʻlidagi beqiyos xizmatlari bugungi va kelajak avlodlar qalbida mangu yashayajakdir.