OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBehzod Fazliddin
Asar nomiSen qachon gullaysan
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Behzod Fazliddin
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotТошкент, «Mehridaryo», 2008
Hajm87KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/12/17
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Sen qachon gullaysan
Behzod Fazliddin

Koʻklamlar Nafasida

Suyunchi

Osmonda yigʻlab keldim—
Dardlarim maysa boʻldi.
Yerda bitta boʻlsa ham
Baxtsiz kamaysa boʻldi.
Garchi yigʻlab har kecha
Tunlarimni qon qildim,
Tongda guldan toshgacha
Tabassum ehson qildim.
Azoblaring — muhtaram,
Men dardingga xaridor.
Tovonimni oʻpsa ham,
Tikanlarning haqqi bor.
Yuragimni uygʻotgan
Gʻamlaringga ming shukur.
Gardlarimni yoʻqotgan
Dardlaringga tashakkur!
Endi Senda parvoyim,
Dunyoni yutib ketdim.
Suyunchi ber, Xudoyim,
Oʻzimdan oʻtib ketdim.
2006


Yashashga Joy Bormi?

Lahzaga tengma-teng oʻchib boraman,
Oʻzimdan, soʻzimdan choʻchib boraman.
Zavol bilmaydigan manzilni koʻrsat,
Tomirlarim bilan koʻchib boraman.
2005


Soʻroq

Dilni dilga yoʻllamay,
Yoʻlni yoʻlga ulamay.
Hech yoʻqsa, bir gullamay,
Soʻlib ketaveraymi?
Tanda bor choʻgʻim shu, deb,
Bandalik chogʻim shu, deb,
Mening bor-yoʻgʻim shu, deb,
Nolib ketaveraymi?
Koʻklamlar nafasida,
Gullash arafasida
Toshlarning orasida
Qolib ketaveraymi?
Qanday kunga koʻndim-ay,
Ich-ichimdan sindim-ay.
Yoningizda indamay
Oʻlib ketaveraymi?
Nega jimsiz?!
2004


* * *
Tirikmasman, oʻlganga ham oʻxshamayman,
Najot soʻrab kelganga ham oʻxshamayman.
Yuragimni ajin bosdi — qarib ketdim,
Yigirmaga toʻlganga ham oʻxshamayman.
Oʻzim uchun qoʻygan bari shartim ogʻir,
Tushgan joyin quritadi — gardim ogʻir.
Men ertaga qayta tura olamanmi,
Jon olmasa ketmaydigan Dardim ogʻir.
Nurlarimni tunlar uchun zarba qildim,
Koʻnglim uyin kimlar uchun Ka’ba qildim.
Suyaklarim zirqiradi — lazzatlanib
Tavba qildim, tavba qildim, tavba qildim.
Yana choʻllab yotganimni bilarmikan,
Daryolarim koʻkdan qaytib kelarmikan?
She’rlarimni elchi qilsam, dargohida
Eng odil Shoh meni qabul qilarmikan?
Tirikmasman, oʻlganga ham oʻxshamayman...
2005


Umrim

Bir lahzada osmon meniki,
Bir lahzada yashab olaman.
Bir lahzada bosar gʻam yuki,
Bir lahzada... boʻshab qolaman.
2005


Qayga Ham Borardim?

Xayolning otida Oyga boraman,
Qushlar yetolmagan joyga boraman.
Sal oʻtmay, baribir, qulab tushgayman —
Ushoqcha dard bilan qayga boraman?!
2005


* * *
Ruhim chinqiradi, mendan tonadi,
Uygʻonib ketadi yana orlarim.
Boʻgʻzimni kuydirib soʻzlar yonadi,
Qachon tugʻiladi mening she’rlarim?
Ming-ming yildan beri turibdi yashnab,
Ishonsa boʻladi ildizlarimga.
Soʻnib borayapti oʻzimga oʻxshab,
Ota, nima boʻldi ildizlarimga?
Lahzalar toʻkilib bormoqda bargday,
Bir kuni qaqshayman uvollaridan.
Qoʻrqib ketayapman, hali tugʻilmay,
Bolamning ertangi savollaridan.
Yuragim ming bitta joyidan sindi,
Qachon boshlanadi Ruhimning toʻyi?
Faqat bitta taskin: ajabmas, endi
Meni odam qilsa ertaning oʻyi...
2003


1983 — 2006

Men yigirma yildan koʻproq kechikdim,
Qancha sarson qildi bu yurak — daydi.
Hayot niholini juda kech ekdim,
Qachon yaproq yozib, qachon gullaydi?!
Kimlarning ortidan yugurdim, shoshdim,
Yulduzlar koʻz qisib meni chalgʻitdi.
Yana xato qildim, yana adashdim,
Gunoh lashkarlari jarga irgʻitdi.
Barglari qor elab turgan loladay
Nurga tashna paytda tutunga toʻydim.
Oʻtga borib qayta kuygan boladay,
Men yana oʻzimni takrorlab qoʻydim.
Hayot men tolibga qachon boshlar dars,
Nega endi Yashash kelmas qoʻlimdan?
Buyuk boʻlganimda mayda toshlarmas,
Togʻlar chiqar edi yurgan yoʻlimdan.
Ehtimol, Baxtga ham bordir keragim,
Halol misralarim qoʻymas uyatga.
Hozircha oʻzimday dardchil yuragim,
Qanday xizmat qilgay bashariyatga?
Mayli, oqqan suvlar, rozi boʻlinglar,
Jonim kuyganida chanqoq bosdingiz.
Umri zilol boʻlsin, duo qilinglar,
Dardlari uygʻongan buyuk doʻstingiz.
2006
* * *
Koʻksim toʻla ogʻriq, boʻgʻzim toʻla oh,
Mening oʻzim — armon, har soʻzim — armon.
Endi jim yashamoq umrimga gunoh,
Hozir men yorilib ketaman, Osmon!
Jonim — azoblarga choʻmilgan yaproq,
Umrim — zulmatlarda adashgan ziyo.
Sen mendan yuz chandon baxtlisan, Tuproq,
Men Sendan yuz chandon baxtliman, Dunyo.
Yurak eslatadi va’dalarimni,
Yalov boʻlmoqchiydim, oʻt boʻlmoqchiydim.
Taqdirga toʻnkamay zardalarimni
Oʻzim baxt qiziga yurt boʻlmoqchiydim.
Sen bergan imkonlar beradi dalda,
Hali umidim koʻp gʻirotlarimdan.
Sinib qolmaydimi izgʻirinlarda,
Qoʻrqib ketayapman qanotlarimdan...
Bulbullar joʻr boʻlib meni qutlaydi
San’atingdan olgan san’atlarimga.
Hali ovozimdan dunyo titraydi,
Xudoyim, insof ber jur’atlarimga!
2002


* * *
Umrimning yarmini yoʻllarga berdim,
Umrimning yarmini gullarga berdim,
Oʻzimga bermadim umrimni...
Tilimni qonatib Xudoga bordim,
Dilimni qonatib Xudoga bordim,
Oʻziga oʻzimni olib bormadim...
2006


Saxiy Mehmon

Bugun yana Tongga mezbonlik qildim,
Shukur, toʻkin boʻldi dil dasturxoni.
Yoʻlida kechani qurbonlik qildim,
Juda oson chiqdi bu tunning joni.
Koʻzlarimga boqib Tong ham jilmaydi,
Qushlarni shoshirib qoʻydi qoʻshigʻim.
Bu mehmonim sira quruq kelmaydi,
Faqat ochiq tursa boʻldi eshigim...
2007


Yigirma Birinchi Bahor

Daraxtlar qaytadan uygʻonib boʻldi,
Bu yildan qushlarning umidi katta.
Bugun manov nihol toʻrt yoshga toʻldi,
Gullash yarashadi unga, albatta.
Koʻkarish payida turibdi xaslar,
Kurtaklar hayotga boʻy choʻzayotir.
Toshlar bagʻrida ham bahoriy hislar,
Barchasi moʻ’jiza, moʻ’jiza, axir...
Qara, shundoqqina yoningda bahor,
Osmon gullab boʻldi, gulladi Zamin.
Hozir yuragingda qorga nima bor,
Sen qachon gullaysan, Behzod Fazliddin?!
2004


Hayot

1

Kunlarimdan zerikib ketdim,
Dil yurtida sokinlik – poytaxt.
Endi qachon manzilga yetdim,
Imillaydi, vaqt oʻtmaydi, vaqt.

2

Yillarimni boy berib qoʻydim,
Lahzalarda qolib ketdi Baxt.
Men oʻzimni oʻldirib qoʻydim,
Tirilishga Vaqt yetmaydi, Vaqt!
2004


Mangu Savol

Nega oʻzim bilan kelisholmayman?
Nega yuragimning tili qisiq — jim?
Nega oʻlim bilan olisholmayman,
Nega «nega»lardan iborat umrim?
Nega?!
2007


Umidlarning Oʻzi Umidvor

Antonim Dunyo

Tez kelgan gʻam ketgaymi sekin,
Armon — yaqin, orzular — uzoq.
Shodlik — qimmat, azoblar — tekin,
Gunoh tinmay qoʻyadi tuzoq.
Past balandga kelmas muvofiq,
Inkor etar kecha kunduzni.
Kim Osmonga, kim Yerga oshiq,
Nega hamma suymas Yolgʻizni?
Qorni ochning, balki, koʻngli toʻq,
Hayot — qisqa, buncha uzun yoʻl?
Garchi bugun koʻzlarim quruq,
Yuragimning koʻylaklari hoʻl.
Uygʻonaman, nafsim uxlasa,
Men yigʻlayman, dunyo kuladi.
Qarshilar koʻp, Xudo xohlasa,
Antonimim Oʻlim boʻladi.
2006


* * *
Osmon bilan tillashmoqchiman,
Meni yengib qoʻymoqda uyqu.
Men Vaqt bilan bellashmoqchiman,
Hozir eng zoʻr raqibim ham U.
Oʻzim uchun hamma gap MYeNda,
Armonlarim oʻlishi kerak.
Teng kelmagay ikki kuch bunda —
Kimdir magʻlub boʻlishi kerak!
2003


Har Kungi Tavba

Yana koʻzlarimga kuchim yetmadi,
Yana yuragimning boshiga yetdim.
Yana yashamadim — vaqtni yutmadim,
Hayoning oldidan hayosiz oʻtdim.
Axir, necha marta ishora qilding,
Har bitta zarrangda yubording hikmat.
Sen yana koʻnglimga kirmoqchi boʻlding,
Men yana oʻzimga qilmadim shafqat.
Yuragimni boshqa kimga yoraman?
Qancha kun oʻldi — men bilmagan, bilgan.
Axir, huzuringga qanday boraman
Poʻchoqqa aylangan yillarim bilan!
Yana koʻzlarimga kuchim yetmadi...
2006


Ertaga

Hali sen bormisan, yoʻqmi — bilmayman,
Bilganim — gunohim boʻyimdan baland.
Nega ogʻulardan hazar qilmayman,
Bu qashshoq koʻzlarim nelar bilan band?
Boy berilgan yillar meni olmas tan,
Najot soʻrab qancha lahzalar oʻldi.
Oʻzimni oʻzimga koʻrsatolmasdan,
Soyaday yoʻqolib ketmasam boʻldi.
Adoqsiz xatolar — yonimdagi jar,
Qulab ketsam, qaytib Hayotga chiqmam.
Oʻzim oʻylaganday halol boʻlsa gar,
Nega tomogʻimga tiqilar luqmam?!
Shu bezovta Ruhim bergaymi koʻmak,
Tunday gʻamlar meni domiga tortdi.
Istab-istamasdan ayb qildim, demak,
Nuqsonlaring yana bittaga ortdi.
O, hali oʻzi yoʻq jajji mehmonim,
Hozirdan tuzoq bor izchalaringga.
Kechmishimdan joning ogʻrisa, Jonim,
Men qanday qarayman koʻzchalaringga?
Ehtimol, tumanday tarqalar shubham,
Sen ham koʻnikarsan bu koʻhna gʻamga.
Bolam, hayotimdan nolib oʻtsang ham,
Faqat til tekkiza koʻrma Otamga!..
2006


* * *
Koʻksim ogʻriqlari kuchayib ketdi,
oʻamlar tomirimni kesib boradi.
Buyuk orzularim kichrayib ketdi,
Armonning boʻylari oʻsib boradi.
Bir bora dardimni olmaydi vujud,
Dunyoga tiz choʻkib tolmaydi vujud,
Baribir, yashashni bilmaydi vujud,
Ruhimning yoʻlini toʻsib boradi.
Hayot bir shafqatsiz yovga oʻxshaydi,
Birovning oʻrniga birov yashaydi,
Gunoh qilgan men-u, bolam qaqshaydi,
Umrimni tumanlar bosib boradi.
Yuragim och, oʻzi, nelar yeyman men?
Nahotki, nur tushmas noxush joyman men?
Ertaga mezonga nima deyman men?
Boʻsh qoʻllar tilimni qisib boradi...
2003


* * *
Havolarga ishonmay qoʻydim,
Har lahzada ketish xavfi bor.
Men hech kimni tushunmay qoʻydim,
Yuragimning kimga nafi bor?
Yashay dedim — kunim oʻtmadi,
Charchamadim roʻshnolik soʻrab.
Koʻzlarimdan itlar ketmadi,
Yigʻlayverdim Quyoshga qarab.
Hali sendan koʻnglim oʻlmagan,
Ber oʻzimga oʻzimdan najot.
Boradigan joyim qolmagan,
Meni boshqa haydama, Hayot!
2005


* * *
Mening oʻlmaydigan ogʻriqlarim koʻp,
Ketib boʻlmaydigan dardlarim bisyor.
Tilimning uchida chandiqlarim koʻp,
Muhabbat, koʻnglimni gullatib yubor.
Huda-behudaga ranjitmay tursa,
Tinglab charchamayman ustoz Hayotni.
Koʻksimni yulduzlar boʻshatmay tursa,
Oʻksitib ketmayman Adabiyotni.
Ildizi shu qadar mustahkammikin
Jonimda koʻkarib yotgan illatning?
Qanday soʻzlar bilan ovutmoq mumkin
Dardlari oʻzidan buyuk millatni?!
Xudoyim, umrimni gullatib yubor...
2006


* * *
Erib borar koʻksimdagi qor,
Tilim — gulzor, dilim — duozor,
Xudoyimdan soʻraganim bor,
Endi mening yashashim oson.
Shukur aytib har deganiga,
Berganiga, bermaganiga,
Yana umrim ma’noga ega,
Endi mening yashashim oson.
Har jonning oʻz nasibasi bor,
Kim shodlik, kim gʻamga xaridor,
Umidlarning oʻzi umidvor,
Endi mening yashashim oson.
Bogʻlarimga boʻyladi bahor,
Oʻlmaslikka sabablar bisyor,
Bandalikdan boʻldim baxtiyor,
Endi mening yashashim oson.
Ayblarimni yopib kelar U,
Gar men yursam, chopib kelar U,
Qayda boʻlsam, topib kelar U,
Endi mening yashashim oson.
Umidlarim rostlab borar qad,
Bu qanday baxt, qanday saodat?
Sevishim ham boʻlsa ibodat,
Endi mening yashashim oson.
2007


* * *
Qancha barglarimni toʻkdim behuda,
Qancha novdalarim bevaqt qayrildi,
Yillar shoxlarimga gunohlar ildi,
Quyosh, bor nuringni koʻksimga puda.
Hech kim eshitmadi oʻzimdan boshqa
Tunlari tugʻilgan hur soʻzlarimni.
Kesmoqchi boʻlgan kim ildizlarimni?!
Toshlarning zulmidan yuragim qashqa.
Uyqu bermayotgan ogʻriqlarim chin,
Hali havolarda qancha haqqim bor,
Mening daraxtlardan bitta farqim bor:
Istagan paytimda gullashim mumkin.
2006


Xulosa

Hali tong keladi tunlarni otib,
Oʻlimni kuzatib qoʻyay yurtiga.
Bugunimga nima yozgansan, Kotib,
Kimning yuragiga boray ertaga?
Yillar gʻalvirida qancha elandim,
Bosib ketaverdi qorlar izimni.
Tomirlarimgacha Ishqqa ulandim,
Yuragimga surgun qildim oʻzimni.
Hali yellar bilan chopsa boʻladi,
Uzaytirish mumkin Baxtning umrini.
Hayotning koʻnglini topsa boʻladi,
Kutib oʻtirmayman Vaqtning amrini.
Ajal ham zerikdi, shekilli, rosa,
Endi chaqirmasam, qaytib kelmaydi.
Milyonta dardimdan bitta xulosa:
Oʻlib koʻrmay turib yashab boʻlmaydi.
2005

Hurriyat, Oftobing Buncha Chiroyli

* * *
Men — hayot bogʻida omonat yaproq,
Toʻkilib ketaman erta, indin yo.
Bir kuni men senga qaytaman, Tuproq,
Bir kuni men senga ketaman, Samo.
Tangrim azal seni yaratmish suyuk,
Qoshingda zarracha emasman, zotan,
Shu qadar mangusan, shu qadar buyuk,
Ming bitta umrimga arziysan, Vatan!
Dunyo nima oʻzi — savdo bozori,
Yashasam boʻlardi doʻst qilib tanni.
Xudo urmasmidi, yetib ozori,
Hayotdan pastroqqa qoʻysam Vatanni?!
Oʻtib qoʻymasmidi Otam bahrimdan,
Toʻlib ketmasmidi doʻzax nolamga?
Qonlar oqmasmidi bu tosh bagʻrimdan,
Vatan qoldirmasam magar bolamga?!
Yoʻq, bunday yashashga koʻnolmaydi jon,
Seni tanimaslik — Ruhimga isnod.
Sen deb yashamasam, borligim yolgʻon,
Sen bor, u dunyoyu bu dunyom obod.
Mening zabonim — gul, qoʻllarim — sabo,
Senga boʻy taratmay soʻlmayman, Vatan.
Hali koʻp yashayman, avvali Xudo,
Baxtingni koʻrmasdan oʻlmayman, Vatan!
2002


Hurriyat

Oʻpib toʻymayapman ozod gullarni,
Umrimga rayhonlar sochib tashladim.
Oʻylamay qoʻyganman nursiz yillarni,
Mana, kishanlarni yechib tashladim.
Izimga yalpizlar toʻkilib ketdi,
Umrimni gullarga burkab boryapman.
Koʻzimga yulduzlar toʻkilib ketdi,
Soʻzimga olovlar purkab boryapman.
Hurriyat, oftobing buncha chiroyli!
Quchoqlab boʻladi, oʻpsa boʻladi.
Yoʻllaring yulduzli, yoʻllaring oyli,
Ortingdan manguga chopsa boʻladi.
Baxt-da gullarni oʻz rangida koʻrish,
Oʻrab yashagandim hatto nolamni.
Qanday yaxshi ekan kishansiz yurish,
Yana sevib qoldim rangin olamni.
Istiqlol, sen oʻzing umrimning tongi,
Erk suygan Ruhimga buyuk siylovsan.
Orzularim yangi, oʻylarim yangi,
Koʻksimda choʻgʻ olgan oʻtsan, olovsan...
2002


Ishqvatan

Eng toʻgʻri bahoni xalq bergan,
Erkinlik — haq soʻzga itoat.
Shu yurtni suysin deb Haq bergan,
Vatanni sevish ham ibodat.
Yaltiroq xorijning libosi,
Koʻzlarni oʻynatar jilosi,
Tuproqcha boʻlolmas tillosi...
Vatanni sevish ham ibodat.
Onangga yaxshilik qilganday,
Otangning koʻnglini olganday,
Bolangga Baxt meros qolganday,
Vatanni sevish ham ibodat.
Qalbingga iymonni toj qilgin,
Yoʻlida joningni xarj qilgin,
Vatanda turib ham haj qilgin,
Vatanni sevish ham ibodat.
Baxt paydo El degan dardingdan,
Koʻnglingni koʻchirma yurtingdan,
Quyoshni ergashtir ortingdan,
Vatanni sevish ham ibodat.
Garchi Oy olisdir, yoʻl yiroq,
Muhabbat — beminnat yoʻlchiroq,
Ey, Oʻzbek — manglayi yarqiroq,
Vatanni sevish ham ibodat.
2007


E’tirof

Osmonlarga uchmoq istasam,
Yelkamdagi qanotim — tilim.
Dunyolarni quchmoq istasam,
Mening uchqur oʻirotim — tilim.
Men bulbulga havas qilibman,
Sensiz noʻnoq qargʻa ekanman.
Men duldulga havas qilibman,
Sensiz choʻloq yoʻrgʻa ekanman.
Garchi sodda she’rlar toʻqidim,
Garchi soʻzga ayladim ixlos.
Men oʻzimni oʻzim choʻqidim,
Seni yaxshi bilmasligim rost.
Meniki shu yalangʻoch soʻzlar,
Nochor buni zamonga yoʻydim.
Qayon boqmay, shunday och soʻzlar,
Nahot, seni unutib qoʻydim?
Zabonimni tilib ketdimi
Oʻzga bogʻning barg — ninalari?
Navoiyda qolib ketdimi
Soʻz mulkining ganjinalari?
Xorijiy til — jahonga koʻprik,
Payti kelsa, bu ham bir iqbol.
Oʻz tilingda soʻz ketganda lek,
Duduqlanib tursang bu ne hol?!
Yuragimni teshadi oʻqlar,
Sensiz mening ertam kularmi?
Ona tilim, menday duduqlar
Oʻgʻillikka yaray olarmi?
Bas, dardingni yulmasdan turib,
Oʻzga tilni uqmayman, tilim,
Seni yaxshi bilmasdan turib,
Xorijga ham chiqmayman, tilim!
2002


Tuproqvatan

Toza tuygʻularim oʻtkinchi emas,
Kelajakka aytar soʻzlarim halol.
Umrimni yoʻlingga sochmasam boʻlmas,
Senga qullik qilish kelmaydi malol.
Toʻksam, tomchilarim ado boʻlmaydi,
Buyuk gʻamlarimga berganim yoʻq tan.
Tangrimdan boshqasi yecha olmaydi,
Belimga boylagan belbogʻim — Vatan.
Oʻylaring qalbimga bermaydi orom,
Sensiz dunyolarga yotu oʻgayman.
Sensiz hayot qayda, havolar harom,
Toʻkilma, boʻlmasa, men ham tugayman.
Kamolingni soʻrab duolar qildim,
Malaklar Xudoga eltdi ohimni.
Kecha uxlar edim, yana tirildim,
Oʻzingga bagʻishlab qoʻydim ruhimni.
Azaldan tuproqqa moyilligim bor,
Bir parcha shu zamin baxt uchun yetar.
Qilgan orzulari nurdan begʻubor,
Rabbim, shu Vatanni tuproqday koʻtar!
2006


Boshoqdagi Quyosh

Bir tutam bugʻdoyday yashagim keldi —
Hayot isi kelgan, nonni eslatgan.
Borimni zaminga toʻshagim keldi,
Boshogʻi Oʻzbekistonni eslatgan.
Tuproq hidlarini yaxshi koʻraman,
Kim yerni yedirdi, kimni yer yedi.
Oltin qoyalarga yuzim buraman,
Ular peshonamdan oqqan ter edi.
Nega pishmasimdan oʻroq solasan?
Yashashni istayman bugʻdoylarday hur.
Ertaga tilingni tishlab qolasan,
Tushunsang-chi, uying bugʻdoyga toʻlgur!
Xalqim, shamollardan yurma tilanib,
Belbogʻda don boʻlib yaray koringga.
Bugʻdoyday toʻkilib, unday elanib,
Oʻzim boray otash tandirlaringga.
O, qancha toblandim bugʻdoypoyangda,
Har boshogʻi — gʻurur, har donasi — or.
Quyosh qolib ketsin sening soyangda,
Yurtim, senga aytar bugʻdoysoʻzim bor!
2007


Manzil

Buloqlardan toza koʻzyoshman,
Xalqdan chiqib xalqqa boraman.
Men shunday bir oʻjar quyoshman,
Sharqdan chiqib Sharqqa boraman.
2007


Ehtimol, Qoʻngʻiroq Qilayotgan — Baxt

* * *
Tugʻildim-u, yonimga kelding,
Koʻzlarimga qarab turding jim.
Sen Onamday chiroyli eding,
Qoʻllaringda yigʻlab yubordim.
Oʻsha damdan boshlandi yashash,
Hayotimga moʻraladi Vaqt.
Yuzing tanish, koʻzimiz oʻxshash,
Oʻzing menga kim boʻlasan, Baxt?
Yillar bilan birga ulgʻaydik,
Boʻying koʻkka choʻzilaverdi.
Keyin... boshqa koʻrisholmadik,
Mening koʻnglim ezilaverdi.
Lahzalarni tuta olmadim,
Qoʻllaringni qoʻydim yoʻqotib.
Yo men senga yeta olmadim,
Yo sen meni ketding tark etib.
Qara, yoʻlda yuribman hamon,
Qay yurtdasan? Qay yoʻllardasan?
Sen qaysi bir koʻngilga mehmon,
Hozir qaysi manzillardasan?
Endi seni boʻlgaymi topib,
Axir, mudom shoshganing shoshgan.
Umrim oʻtdi ortingdan chopib,
Chalgʻitmasang boʻldi yashashdan.
Bugun boshqa odam yonimda,
Yuzi sovuq, kelishi bevaqt.
Diydoringni sogʻindim juda,
Qayerdasan, qarindoshim — Baxt?
2004


Baxt Bilan Tanishuv

Qayerlarda adashding, Diydor?
Bir chehrani yomon sogʻindim.
Kel, yonimda gullagin, dildor,
Sensiz bahorlardan ogʻrindim.
Tomchilari togʻlardan ogʻir,
Yuragimni aylamish nishon,
Koʻz yurtingda tinmaydi yomgʻir,
Quyosh mening qoʻlimda, ishon.
Ismimni ayt, tonglar uygʻonsin,
Meni esla — kulsin hayoting.
Xotiralar koʻnglingni olsin,
Asrab kelar umrimni yoding.
Toʻygunicha yogʻib olsin, deb
Tan berish yoʻq qoru doʻllarga.
Tunlari ham yorugʻ boʻlsin, deb
Yulduz yoqib qoʻydim yoʻllarga...
Ulugʻ ishga bogʻlaganman bel,
Yoʻlga chiqdim aziz ahd bilan.
Koʻzim nuri, sen ham tezroq kel,
Tanishtirib qoʻyay Baxt bilan...
2007


Baxtning Ushogʻi

Soylar yuragimni yuvib oʻtmadi,
Nur tushsa, ketarmi koʻksimning dogʻi?
Gullar gʻamlarimni quvib oʻtmadi,
Armon qushlarining bormi adogʻi?
Bu dunyoning fe’li meni suymaydi,
Kunda tomirimni kesib toʻymaydi,
Yo jon ola qolmas, yo tinch qoʻymaydi,
Qon qildi dardimning oʻtmas pichogʻi.
Olamni oʻylatgan oʻylarim qani?
Borliqni poklovchi boʻylarim qani?
Osmonni oʻrtagan kuylarim qani?
Koʻnglim — Xudoyimning gʻarib mashshogʻi.
Koʻkdan tomchi keldi, koʻzlarim toʻldi,
Oʻzing bir Soʻz aytding — soʻzlarim oʻldi.
Endi Oyga eltib tashlasang boʻldi,
Menga yetib borar Baxtning ushogʻi...
2006

Yoʻl

Gʻarib kunlar bardoshimni ichib borar,
Qay manzilda chanqoq bosay, qayda toʻxtay?
Boʻgʻilaman — havolar ham qochib borar,
Bu dunyoda mendan boshqa yomon yoʻqday.
Iymanadi gʻamdan oldin yuz ochgani,
Orzularni dil taxtiga mixlab qoʻydim.
Yana qancha muddat kerak koʻz ochgani,
Men shundoq ham yigirma yil uxlab qoʻydim.
Uvol qilmay — ermak uchun oʻldirmasdan,
Lahzalarni kapalakday tutaversam.
Xudoyimdan boshqasiga bildirmasdan,
Chumoliday rizqim terib ketaversam.
Yetolmasin, mangu ortda qolib ketsin,
Armonlarning qushlariga don bermayman.
Anduhlarim mendan oldin oʻlib ketsin,
Quyoshni bir oʻpmay turib jon bermayman...
2006


Tushunmovchilik

Boʻldi, yigʻlamayman, boʻldi — kulmayman,
Yuragingni ortiq etmayman bezor.
Oʻzimdan boshqani xafa qilmayman,
Oʻzimdan boshqaga bermayman ozor.
Kimlarning koʻngliga qarab kun koʻrdim,
Yalinib bormayman Baxtning yoniga.
Kulib baxtsizlarga xalaqit berdim,
Yigʻlab baxtlilarning tegdim joniga.
2006


Bebaxt Bahor

Elchi Quyosh koʻkdan yetkazdi paygʻom,
Hammayoq nurlangan, hamma gul kiygan.
Yo, qudrat Sohibi, bu qanday ayyom,
Qumursqalargacha sevilgan, suygan.
Yerni gullatishga ichganmi qasam,
Toshlarni ham quruq qoʻymabdi Bahor.
Qoʻrqaman, toʻkilib ketar qarasam,
Mening koʻzlarimda bir tomchi zahar...
2006


Qoʻngʻiroq

Uyimni toʻldirgan jimlikni buzib,
Hayotni eslatib yangrar qoʻngʻiroq.
Olisdan bir goʻzal (koʻzini suzib)
Gapirar, adashib tushibdi biroq.
Oʻzim bilan yolgʻiz qolarman yana,
Oqizib ketadi xayollar — dengiz...
Telefon!.. Junbushga keladi xona,
Yana oʻsha “Boshqa joyga tushdingiz”.
Nahot, hamma menday adashgan, yonar,
Savollar tosh boʻlib urilar boshga.
Har safar almashib qolar raqamlar,
Soʻragan begona, soʻralgan boshqa...
Hamon dovdirayman, Ruhimda toʻfon,
Meni shu simlarga bogʻlab qoʻygan Vaqt.
Yuragim jiringlar — jonli telefon,
Ehtimol, qoʻngʻiroq qilayotgan Baxt...
2006


Jonim

Keldim

Gullar rang almashib zerikmadilar,
Dunyo tovlanishdan charchamadi hech.
Irmoqlar koʻksimda birikmadilar,
Kelib koʻzlarimdan kishanlarni yech.
Boru yoʻgʻim bilan oʻzimga xosman,
Benazir ishqimdan hanuz koʻnglim toʻq.
Qancha yulduz toʻkdi poyimga osmon,
Koʻz uchida boʻlsin, qaraganim yoʻq.
Boshimni egmoqchi edi ranj-alam,
Mudom borligingni bilib yashadim.
Seni bilmasam ham, tanimasam ham,
Yodingni mash’ala qilib yashadim.
Baxt shundoq yonimdan ketdi burilib,
Ishq haqqi, tilimni tishlab turibman.
Shuncha yildan beri oʻlib-tirilib,
Sen uchun oʻzimni asrab yuribman.
Aslo topolmasin qaygʻu izingni,
Kulaver, oʻrningga men siqilaman.
Uyqularingda ham asra oʻzingni,
Senga shamol tegsa, men yiqilaman.
Oy yana beparvo koʻchamdan oʻtar,
Shoshib Vaqtdan oldin qoshingga yeldim.
Koʻzlaringni ochgin, pardani koʻtar,
Qara, tushlaringdan chiqib men keldim!
2007


Bir Ishq...

Bitta Ishq dunyoga yetishi mumkin,
Sensiz hayotimda qolarmidi rang.
Uygʻonolmay oʻtib ketishim mumkin,
Oʻzing koʻzlarimga kirib kelmasang.
Yashashga yetadi qalbimning kuchi,
Ishon, kiprigingga tegmaydi gʻubor.
Istasang, shartlar qoʻy yonmogʻim uchun,
Mayli, oʻtga yubor, olovga yubor.
Faqat mensiz Baxtning oldiga borma,
Nimaga yaraldim Vaqtday yelmasam?
Yuragingni berma, boringni berma,
Umringga quyoshlar olib kelmasam.
Kaftimga yulduzlar qoʻndirib kelay,
Buyuk ekanimga ishontir, tegin.
Borib osmonlarni yondirib kelay,
Jonim, yana bitta “Sevmayman” degin...
2006


Jonim

Oʻt ichida yashash osonmi, Jonim,
Nechuksiz? Joningiz omonmi, Jonim?
Ayirib qoʻyishdi yoʻllarimizni,
Odamlar shunchalik yomonmi, Jonim?
Koʻngilning yurtidan ketib boʻlmaydi.
Sinovsiz manzilga yetib boʻlmaydi.
Axir, muhabbatning koʻchalaridan
Yurakka tosh solib oʻtib boʻlmaydi.
Yer, Samo biz bilan, qisinmaydilar,
Oʻtkinchi kuchlarga boʻysunmaydilar.
Tushunib turibdi Xudoyim bizni,
Nega bandalari tushunmaydilar?!
Odamlar shunchalik yomonmi, Jonim?..
2004


Mendan Yaxshi Yomon Yoʻq

Koʻnglingizning koʻshkini yopolmaysiz, baribir,
Mendan yaxshi yomonni topolmaysiz, baribir.
Mingta bulbul nagʻmasi bitta izhorimcha yoʻq,
Dunyolarning rohati zarra ozorimcha yoʻq.
Koʻzingizga oʻt yoqar koʻkka chizib rasmimni —
Inilarim — yulduzlar eslatadi ismimni.
Keyin qanday yashaysiz — havolar ham yoqmaydi,
Ovoralar boʻlibsiz, mensiz Quyosh chiqmaydi.
Izingizga gul otgan dunyolarning koʻngli kir,
Mendan yaxshi yomonni topolmaysiz, baribir...
2006


Sizga Savol

Koʻzingizda turgan dardmi, armonmi,
Sevilish osonmi, sevish osonmi?
Sizsiz yasholmayman, deb charchamaysiz,
Jonim, hayotingiz shuncha arzonmi?!
2006


Sevgisoʻz

Xudoyim, soʻnggi bor menga imkon ber,
Yana ozroq sevay — ozgina yashay.
Bu gal gunohimdan oʻtib qoʻyaver,
Nursiz hayotimga ma’nolar qoʻshay.
Shundoq ham borimni boy berdim Vaqtga,
Qancha yillar oʻtdi beishq, bemazmun.
Borgim kelmayapti Sevgisiz Baxtga,
Shundoq ham umrimning kuylari mahzun.
Nafas olishni ham unutgan edim,
Chiroyli yigʻlamay qoʻygandi Dil ham.
Men shunday, men shunday Dard kutgan edim,
Bizni yashnatadi, poklaydi bu Gʻam.
Xudoyim, yashashni endi oʻrgandim,
Uni yana eslay, yana sogʻinay.
Uni koʻrgunimcha oʻlib boʻlgandim,
Endi koʻzlarida qayta tugʻilay.
Xudojon, jon Xudo, menga imkon ber,
Yana ozroq sevay — ozgina yashay...
2006


* * *
Yillarni bir kosa suvday sipqordim,
Tosh kunlar ayamay boshimni yordi.
Yasholmayman, dedim — Xudoga bordim,
Xudo yana meni Senga yubordi.
Oʻzimni koʻnglingda adashtiraymi,
Sen meni oʻzingga oʻzing topib ber.
Umrimni koʻzingga almashtiraymi,
Koʻzing toʻla orzu — koʻzing toʻla she’r.
Borimcha koʻnglimga oʻralgan edim,
Men bugun taqdirga yutqazib yutdim.
Avvalimda Ishqdan yaralgan edim,
Oxirda ham Ishqqa aylanib ketdim...
2006


Sevgini Sevganni...

Allaqachon toʻzib ketardim, balki,
Va yo gʻamlar meni etardi ado.
Kimningdir koʻnglini olgandirmanki,
Yuragimni asrab kelyapti Xudo.
Oʻzi yaqin oldi meni Oʻziga,
Kunda Quyosh boʻlib yoʻqlab turibdi.
Men aytgan toza bir Soʻz evaziga
Qilday hayotimni saqlab turibdi.
Nimaga koʻzimda yulduz kam — Ishq kam,
Men noshud umrimni kimlarga berdim?
Koʻksim nurga toʻlib bitta gul eksam,
Orqasidan oʻnta nihol sindirdim...
Baribir, koʻnglimga kelaverdi U,
Kechirilib ketdi har qanday xato.
Axir, men sevishni oʻrganyapman-ku.
Sevgini sevganni sevadi Xudo...
2006


Qoʻshiq

Men hayotni siylov debman,
Sinov ekan, sinov ekan.
Tangrim menga ishq deb bergan
Olov ekan, olov ekan.
Umrimdan ham uzun-uzun
Armonlarim, armonlarim.
Oʻzimdan ham mahzun-mahzun
Osmonlarim, osmonlarim.
Endi qachon yondiradi
Koʻzlarimning yoniqlari?
Yuragimni sindiradi
Peshonamning siniqlari.
Dardlarimni koʻzimga qul
Yoshlar aytsin, yoshlar aytsin.
Boshim tegib yorilgan ul
Toshlar aytsin, toshlar aytsin.
Men bir qoʻshiq kuylar boʻlsam,
Koʻngil — hofiz, vujud — mashshoq.
Ishq haqida soʻylar boʻlsam,
Oʻzim ojiz, soʻzim qashshoq.
Dil, oʻzingni oʻtlarga ot,
Uygʻon endi, uygʻon endi.
Menim uchun Ishqsiz hayot
Yolgʻon endi, yolgʻon endi.
Mayli, jonim azob soʻrsin,
Qilgin ado, qilgin ado.
Oʻlar boʻlsam, ishq oʻldirsin,
Ishq ber, Xudo! Ishq ber, Xudo!
2002


Otello

Men sevishni sendan oʻrgansammikin?
Yoʻq, qotil demayman, tilim bormaydi.
Ne qilsa ham, oʻzbek Dezdemonasin
Boʻgʻishga, baribir, qoʻlim bormaydi.
Taqdiring — rashkimga saboq bir gulxan,
Kuydirib yuborsin yuholarimni.
Badnom qilmasidan yanchib tashlayman
Ichimda quturgan yagolarimni.
2002


* * *
Koʻzingdagi sellaringni quritaman,
Gʻamlaringning tishi singay — qaritaman.
Zarraman-u, taftim mingta quyoshga teng,
Sham boʻlsam ham yoʻllaringni yoritaman.
Hayotingni xayolimga oʻrab turgin,
Sovib qolsang, choʻgʻlarimdan soʻrab turgin.
Faqat oʻzing oʻchishimga qoʻyma meni —
Faqat oʻzing koʻzlarimga qarab turgin.
2005


Mensizlik

Yulduzlari ichikib qoldi,
Mahzun endi Oysiz osmonim.
Sensizlikka koʻnikib boʻldim,
Qanday ekan mensizlik, jonim?!
Ana, koʻzim koʻzingdan oʻtdi,
Qoʻy, yashirma titroqlaringni.
Xato qilding, oʻzingdan oʻtdi,
Tishlayapsan barmoqlaringni.
Endi nurga begona yuzing,
Quyoshingning ranglari qani?
Sigʻmayapsan oʻzingga oʻzing,
Hayotingning tonglari qani?
Kechalaring oʻzingday gʻarib,
Armonlaring osmondan katta.
Yuragingga termilib turib,
Yigʻlayapsan birinchi marta.
Uxlab qolgan kunlaring haqqi,
Mening oʻrnim boshqa — boʻlakman.
Yigʻlab qolgan tunlaring haqqi,
Men, baribir, senga kerakman!
2003


* * *
Oltin armonlarda oqib borar kuz...
Mevalarim ayni yetilgan, pishgan.
Jon Qushcham, sen mendan xayolingni uz,
Axir, ildizimga qancha qurt tushgan!
Kumush kechalari yonimdan jilmay,
Sha’nimga yulduzlar aytar edi she’r.
Qancha ta’zim qilmay, qancha egilmay,
Mendan uzoqlashib boraverdi Yer...
Yalangʻoch qolsam ham, patlaring bilan
Yillar yarasiga surasan malham.
Hali ma’yus bogʻlar qoladi bizdan,
Men daraxt boʻlsam ham uchaman, Qushcham!
2007


* * *
Qachon koʻzlaringga sulton boʻlaman?
Qayerda joningga tutashgan yoʻlak?
Koʻchangni qidirib nima qilaman,
Menga yuragingning manzili kerak!
2003


Koʻzingizni Berib Turing

Yolgʻizginam, farishtaga tenglikkinam,
Jon rishtasin joningizga bogʻlab olay.
Ikkimizning dardimiz bir, munglikkinam,
Koʻzingizni berib turing, yigʻlab olay.
Men boshimni urmagan bir tosh qolmadi,
Rostin aytsam, yuragimda dosh qolmadi.
Qurib qolgan koʻzlarimda yosh qolmadi,
Koʻzingizni berib turing, yigʻlab olay.
Uzun-uzun armonlarim chiqib ketsin,
Zardoblarim koʻzyosh boʻlib oqib ketsin.
Qalbimga bir qizgʻaldoqlar boqib ketsin,
Koʻzingizni berib turing, yigʻlab olay.
Men shabnamman, gʻuborlarga qoʻnolmayman,
Yo gul boʻlib tosh yurakda unolmayman.
Koʻnolmayman, bu dardlarga koʻnolmayman,
Koʻzingizni berib turing, yigʻlab olay.
Quzgʻunlarning qiligʻidan zorim keldi,
Togʻ qalbimga nafrat degan sorim keldi.
Oʻzim boʻlib yigʻlolmayman, orim keldi,
Keling, Sizning koʻzingizda yigʻlab olay,
Jon rishtasin joningizga bogʻlab olay...
2001


Sizni Yaxshi Koʻraman

Yuragingiz quyoshdan katta,
Yulduzlarga vatan — koʻzingiz.
Ikkimizning jonimiz bitta,
Mening oʻzim — Sizning Oʻzingiz.
Men Siz bilan Baxtga boraman,
Ona, Sizni yaxshi koʻraman!
Qoshlarimiz oʻxshab ketadi,
Koʻzingizda kulib turibman.
«O, u kunlar qachon qaytadi!»
Qoʻmsayapsiz, bilib turibman.
Hamon Sizga doʻstday yuraman,
Opa, Sizni yaxshi koʻraman!
Bugun senda bahorni koʻrdim,
Yulduzlarga termilasan jim.
Xush damlarga yana yuz burdim,
Sen bahorga oʻxshaysan, singlim.
Ol, koʻklamni senga beraman,
Singlim, seni yaxshi koʻraman!
Yonimizdan oʻtib ketasiz,
Zor koʻngillar qaltiraydilar.
Yurakka choʻgʻ otib ketasiz,
Koʻzlar — uchqun, yaltiraydilar.
Izingizdan gullar teraman,
Qizlar, sizni yaxshi koʻraman!
Kapalakli koʻylagingizga
Tegmay turib, titraydi qoʻlim.
Toʻymayapman boʻylaringizga,
Siz, baribir, boshqasiz, Gulim.
Labingizdan shabnam soʻraman,
Gulim, Sizni yaxshi koʻraman!
Yashnayapman mehringiz bilan,
Vujudimga iforlar sochib.
Yashayapman muhabbat degan—
Chechaklarga koʻksimni ochib.
Men yuragi osmon bolaman,
Hammangizni yaxshi koʻraman,
Hammangizni yaxshi koʻraman!
2003


Oʻzingiz

Koʻzlarimning kosasiga yulduz terdim,
Dilingizning dasturxoni ochiqmi, Yor?
Joningizga yuragimdan ildiz berdim,
Umringizning chiroqlari oʻchiqmi, Yor?
Jonni hijron boyqushlari choʻqimasin,
Ayriliqning gʻorlarini tark etaylik.
Ishqimizga yolgʻon choʻpchak toʻqilmasin,
Koʻnglimizni gul qatiga berkitaylik.
Rashkingizni taroziga qoʻyib keling,
Oʻzga gulga yoqish uchun urinmayman.
Vafo degan libosingiz kiyib keling,
Oʻzingizdan boshqasiga koʻrinmayman.
Soya kabi bu gʻamlarning oʻtmas tishi,
Bor umidni armonlarga bogʻlab qoʻymang.
Oʻzi, bizni baxtli qilish — Haqning ishi,
Yanglishib ham oʻzgasiga yigʻlab qoʻymang.
Koʻzlarimning kosasiga yulduz terdim,
Dilingizning dasturxoni ochiqmi, Yor?
2006


Kerakli Odamga

Keragidan ortiq yigʻlaysiz —
Keragidan ortiq qiynayman.
Xayolimga arqon bogʻlaysiz —
Keragidan ortiq oʻylayman.
Azoblarim mening bari — sir,
Siz uxlaysiz, Siz bedaraksiz.
Jonim, hozir menga, baribir,
Keragidan ortiq keraksiz.
2005


Koʻzlarim

Koʻzlarim —
Mehrning makoni,
Nur sochar chiqsangiz yoʻlimdan.
Garchi yoʻq esa-da zaboni,
Holimdan soʻylaydi, holimdan.
Koʻzlarim —
Ashaddiy dushmanim,
Oshkora aylaydi rozimni,
Goʻyoki ogʻzi boʻsh bir gʻanim,
Shivirlar qalbdagi soʻzimni.
Koʻzlarim —
Ishongan doʻstlarim,
Siz bilan pinhona soʻylashgan.
Yetkazib Sizga dil soʻzlarim,
Hayotbaxsh yogʻdular ulashgan.
Koʻzlarim —
Muhabbat dunyosi,
Bir kuni oladi bagʻriga.
Topolmay Siz uning qiyosin,
Soʻng choʻkib ketasiz qa’riga.
Koʻzlarim...
2001


Alam-O...

Osmonlardan joy topib oldim,
Endi Sizga birov boʻlaman.
Izlab-izlab Oy topib oldim,
Yulduzlarga kuyov boʻlaman.
Soʻkilgani qoldi koʻnglimning,
Tushib ketdi qoʻllaringizdan.
Toʻkilgani qoldi koʻnglimning,
Terib oldim yoʻllaringizdan.
Mening umrim — ishqiy bir gʻazal,
Muallifi — oʻzimning Egam.
Oy, baribir, juda ham goʻzal,
Yuzlarida dogʻi boʻlsa ham.
Nurlarini qizgʻanmaydi u,
Toʻkilmaydi birorta tolam.
Sogʻinmayman, degan edim-ku,
Yer Oyiga alam-o, alam.
Endi Sizga birov boʻlaman...
2006


Axir, Men Ham...

U yonim oʻt, bu yonim oʻt,
Har qadamda choʻgʻlonaman.
Nega uning yuragi but,
Nega faqat men yonaman?
Koʻnglidan soʻz qalqib chiqsin,
Jon-jonini qirqib chiqsin,
Tushlarida qoʻrqib chiqsin,
Yigʻlab yurgan devonaman.
Tangrim, yomon dema meni,
Toʻxtatadi nima meni?
Koʻzlariga qama meni,
Axir, men ham bir donaman.
Umrida bir savol boʻlay,
Tinch qoʻymagan xayol boʻlay,
U soʻragan iqbol boʻlay,
Shu tilakka parvonaman.
Hayot — sinov kuni, deyman,
Xohlamasang, neni deyman?
Rabbim, faqat Seni deyman,
Endi unga begonaman.
2005


Sevgi

Gar seni oʻylasam, bu jonim kuyadi,
Nomingni soʻylasam, zabonim kuyadi.
Sogʻinib-sogʻinib yoʻl olsam sen tomon
Tanamga oʻt sochib tovonim kuyadi,
Sevgi.
Qalbimni oʻtlarda yoqqanim senmisan,
Koʻzimdan dard boʻlib oqqanim senmisan?
Nogahon suqlanib qoʻl choʻzsam qoʻlingga,
Seskanib ilonday chaqqanim senmisan,
Sevgi?
Menmas, sen bagʻringni tigʻlasang, qaniydi,
Joningni oʻtlarda dogʻlasang, qaniydi.
Poyingda yigʻlagan majnuning oʻzimman,
Sen mening poyimda yigʻlasang, qaniydi,
Sevgi!
Men seni koʻzimda saqlasam, ne boʻlar,
Jonimni joningga mixlasam, ne boʻlar.
Qizgʻanib charchadim hammadan, endi bir
Koʻksingga bosh qoʻyib uxlasam, ne boʻlar,
Sevgi?!
Qochmagin, ortingdan chopaman, baribir,
Bir kuni koʻnglingni topaman, baribir.
Oʻshanda oylarning yuziga rashk sochib,
Titragan labingdan oʻpaman, baribir,
Sevgi!
Sevgi!!
Sevgi!!!
2000


Muhtojlik

Yoʻq narsa soʻralar, odatda,
Kimlarning qoʻliga qarayman?
Sevsam-u, nega har soatda
Men Sendan muhabbat soʻrayman?
2006

Shu Dovondan Oʻtib Olsam, Bas

Baxt Manzili

Otam bizni mendan baxtli boʻlsin, dedi,
Onam bizni umri nurga toʻlsin, dedi.
Yoʻlimizda kunlarini qurbon qilib,
Oyga chiqdik yelkalarin narvon qilib.
Gʻamlarini koʻzlariga qamab qoʻydi,
Yuraklari kemtik edi, yamab qoʻydi.
Yuzimizga shamol tegmay katta boʻldik,
Boshimizni yerga egmay katta boʻldik.
Qaygʻulari olam ekan, olam ekan,
Olamlardan kengroq odam otam ekan.
Qorlar yogʻsa, quchogʻiga qochib bordik,
Sochlariga oq gullarni sochib bordik.
Koʻnglingizning daryolarin koʻp quritdik,
Ona, Sizni mehnat emas, biz qaritdik.
Yoningizda ne talashdik — gʻavgʻo qildik,
Evaziga faqat dardlar sovgʻa qildik.
Siz deb hatto ignani ham xarj qilmadik,
Ota-ona koʻnglin nega Haj bilmadik?
Umringizni oʻgʻirladik, yoshlik qursin,
Xudo Sizga koʻproq qilib qaytib bersin...
2006


* * *
Tomoqlarim qurib ketdi — choʻllayapman,
Oʻzi, dilni qay koʻlmakda hoʻllayapman?
Men bu galgi bahorni lol etmoqchiydim,
Ona, bugun sochingizda gullayapman.
Ishongandim, koʻzlar meni sotib ketdi.
Ayamadi — soʻzlar meni otib ketdi.
Dardim bor-ku, nega buncha duduqlandim,
Zabonimni toʻtiqushlar yutib ketdi.
Yuzlarimda muhabbatning soʻqmoqlari,
Dunyolarni yoqmaydimi chaqmoqlarim?
Tuproq edim, tuproqlarga botib ketdim,
Gunohlarim oʻsayapti, gunohlarim.
Tutab-tutab koʻk bagʻrini tigʻlayapman,
Yuragimdan boshqa joyga sigʻmayapman.
Koʻksimdagi ogʻriqlarim yolgʻonmidi,
Osmonlarni yigʻlatolmay yigʻlayapman.
Ona, menga nima boʻldi?!
2004


* * *
Nahot, she’rlarimga kuningiz qoldi,
Ona, aylanishdan toʻxtamoqda Yer.
Koʻzingizga boqib, tilim yoʻqoldi,
Axir poyingiz — she’r, qadamingiz— she’r.
Qachon zardoblarim topadi barham,
Men qachon toʻkilib beraman Sizga?
Jonimdan tovonlar toʻlab borsam ham,
Umrim arzimaydi dardlaringizga.
Ilhom parilari choʻringizmidi,
Bir nazar solsangiz, qoshingizda jam.
Umrim bu — eng mahzun she’ringizmidi,
Shoirgina Onam, shoira Onam?
Dunyo soʻz soʻraydi mendan, joʻrttaga,
Shamollar ustimdan kulgan boʻladi.
Bugun chidab turay, Ona, ertaga
Meni gʻamlaringiz Shoir qiladi.
2005


Yomoni Yoʻq Joyga Ketamiz

Bu dunyo — ruhimning azobi,
Ezgulik — umrimning savobi.
Qoʻy, endi yigʻlama, koʻngiljon,
Bor, axir, barchasin hisobi,
Qoʻlni ber, pok joyga ketamiz,
Yomoni yoʻq joyga ketamiz.
Koʻzlarim qadalgan samoga,
Tashnaman bir hovuch ziyoga.
Charchadim zaharli soʻzlardan,
Yur, endi gʻiybatu igʻvoga—
Zamoni yoʻq joyga ketamiz,
Yomoni yoʻq joyga ketamiz.
Chopamiz Quyoshning izidan,
Oʻpamiz gullarning yuzidan.
Qizarib bir shirin tuygʻular
Topamiz lolaning koʻzidan.
Armoni yoʻq joyga ketamiz,
Yomoni yoʻq joyga ketamiz.
Koʻzimni sevinch ham yoshlasin,
Qoʻlimni omad ham ushlasin.
Tishlarning izi bor koʻksimda,
Endi Baxt labimni tishlasin.
Ziyoni yoʻq joyga ketamiz,
Yomoni yoʻq joyga ketamiz.
«Yilt» etgan ziyoga zor koʻnglim,
Biz istar dunyolar bor, koʻnglim.
Munisa Onamning koʻngli boʻsh,
U bizni kutyapti, yur, koʻnglim,
Yomoni koʻp joyda netamiz?
Onamning koʻngliga ketamiz,
Onamning koʻngliga ketamiz!
2001


Ziyorat

Farishtalar koʻnglimni nurga oʻrab qoʻydilar,
Osongina uygʻondim qushlar azon aytganda.
Meni qutlab daraxtlar oppoq libos kiydilar,
Koʻkka uchgan hislarim mujda olib qaytganda.
Issiqqina bagʻrimda erib ketdi ushbu tun,
Qaramasam, yulduzlar nega qovoq solgaylar?
Kapalak qanotida yoʻlga otlandim bugun,
Meni koʻhna saroyda gullar kutib olgaylar.
Toshdan qattiq boshimni yorolmadi tosh kunlar,
Yiqilsam ham, toʻzsam ham manzilimga yetyapman.
Yoʻllarimdan qochinglar, hoy, mehri yoʻq moshinlar,
Men Onamning oldiga — ziyoratga ketyapman!
Safarimda sargʻaymay, yashnab boray qoshiga,
Kiprigimga yetmasdan toʻkilmoqda chang yillar.
Ergashtirib togʻlarni boshlab boray qoshiga,
Onasining poyida podshoh boʻlgay oʻgʻillar...
2007


Buyuklik

Ona, sizni kitob qilaman
Yoki oʻzim kitob boʻlaman.
2006


Otamlashuv

Bu dunyo — gʻalvali uy, deysiz,
Har jonda ming tashvish, oʻy, deysiz,
Oʻzimga sigʻmayman, siz har gal
Koʻp gapirmay, choydan quy, deysiz.
Men ozib-yozib bir borgandim,
Ozurda koʻnglimni yorgandim,
Yigʻlamay yigʻlashni oʻrgandim,
Tishingni tishingga qoʻy, deysiz.
Koʻzimda dunyocha yosh boʻlsa,
Koʻksimda bir uyum tosh boʻlsa,
Nahotki, belbogʻim boʻsh boʻlsa?
Har neni hikmatga yoʻy, deysiz.
Kechalar baxtimni tush koʻrib,
Birgina boshimni qoʻsh koʻrib,
Katta boʻlganimni xush koʻrib,
Qachon yana elga toʻy deysiz?
2007


Onam Yozolmagan She’r

Sochlarimda oq gullar,
Kel, ularni ter, bolam.
Yoʻlingga mushtoq yoʻllar,
Bolam boʻlib ber, bolam.
Koʻksimga oy berkitdim,
Yulduzlarga choy tutdim.
Otangdan ham koʻp kutdim,
Baxtim boʻlib ber, bolam.
Titragan sozingni qoʻy,
Boʻgʻiq ovozingni qoʻy.
Qalam-qogʻozingni qoʻy,
Oʻgʻlim boʻlib ber, bolam.
Yoʻl uchun tuqqanmidim,
Gul uchun tuqqanmidim,
Pul uchun tuqqanmidim,
Borim boʻlib ber, bolam.
Qaldirgʻoch singling behol,
Qanotidan xatni ol.
Ishing koʻpdir, ehtimol,
Kelmay qoʻyaver, bolam...
2006


Qaytish

Qanday toza, qanday oq edim,
Ot chopardim Quyoshni ushlab.
Bu yerlarga Baxt izlab keldim,
Unda Onam — baxtimni tashlab.
Uchib ketdi rango-rang yillar
Bargday zaif qilib holimni.
Ortga qaytmas bu qaysar yillar
Qayga olib borar jonimni?
Togʻu toshni kuylatib chunon,
Qaynar edim buloqlar bilan.
Olislarda yuribman sarson
Xira tortgan chiroqlar bilan.
Gullar kutdi bagʻrin qon qilib,
Dil oldida qoldim uyatga.
Bir baxtiyor kapalak boʻlib
Uchgim kelar oʻsha jannatga.
Chaqmoqlari boshimni yorsa...
Omonat bir oʻgay joydaman.
Osmon meni qoʻyib yuborsa,
Yomgʻir boʻlib sizga qaytaman.
Xushxabarni yetkazsin bexos,
Daraxtlarga berib qoʻydim xat.
Shu dovondan oʻtib olsam, bas,
Shu dovondan u yogʻi — jannat...
2007


Eng Achchiq Bahona

Qorin tinch qoʻymaydi — non topish kerak,
Tashvishlar sudraydi meni har tomon.
Oʻzini esidan chiqardi Yurak,
Yashashga vaqt qayda, Onajon?!
2004


* * *
Koʻchalar koʻnglimga oʻxshaydi,
Bagʻriga sokinlik sigʻmagan.
Kechalar singlimga oʻxshaydi —
Yigʻlasam, qoʻshilib yigʻlagan.
Manzilga eltadi avtobus,
Men qayon boraman — bilmadim.
Koʻksimni yirtadi bir nomus,
Nahot, shu temircha boʻlmadim?!
Kunlarim toʻkilib boradi,
Kechagi vaqt — pista poʻchogʻi.
Koʻksimda poyezdlar yuradi,
Yuragim — bekatlar oʻchogʻi.
Xayolning oxiri qayerda,
Osmondan nimalar tilayman?
Onamning koʻksi qon u yerda,
Men bunda muzqaymoq yalayman...
2003


* * *
Nahot, diydam shunchalar qattiq,
Beshafqatsan, Hayot, beshafqat.
Hech kimim yoʻq oʻzimdan ortiq,
Onam uchun topolmayman Vaqt.
2003


Aybnoma

Behzod Fazliddinga aytib qoʻyinglar,
Bu tun ham uxlamay chiqdi otasi.
Uzun boʻlib ketdi, tilin qiyinglar,
Onasi koʻksida gʻamlar shodasi.
Qishlar kelib boʻldi, u gap tuzguncha,
Bir bor hovlisida qor kurab bersin.
Birovga yoqay deb gullar uzguncha,
Borib onasining dardini tersin.
Keyin gullayversin, koʻkarsin, mayli,
Otaning duosi boshlagay taxtga.
Nega toleidan yoʻllari ayri,
Onasiz ham borish mumkinmi Baxtga?!
Ishiga ishq qoʻygan qanday farzandki,
Loaqal koʻnglini ochib ketmaydi.
Darvoqe, u kishim shunchalar bandki,
Oʻzidan boshqaga vaqti yetmaydi...
2007


Taskin

Ona, garchi hamon oʻzimga zorman,
Koʻzingizga kirsam, yuragimdan keng.
Tashqarida poylab turibdi Armon,
Oʻgʻlim hali-beri chiqmas ekan, deng.
Har qadamda chohga tortishi mumkin,
Oyogʻim ostida uxlaydi kulfat.
Sabrim koʻylagini yirtishi mumkin,
Kichkina gʻamlarga boʻlmayman ulfat.
Koʻksimga Nur kirib tursa, boʻldi-da,
Quvib yetolmagay Vaqt degan bir oʻq.
Ancha yoshman keksa dardlar oldida,
Hali sevishga ham ulgurganim yoʻq.
Ona, qanotlarim dardimday ogʻir,
Qushday bu uyqumni oromga yoʻying.
Baxt kutib turishni bilmaydi, axir,
Quyosh uygʻonmasdan uygʻotib qoʻying...
2006

Iqror

Men Shoir Boʻldimmi?!

Men shoir boʻldimmi, shoirim — Tangrim?
Oʻzimning ustimdan kulgim keladi.
Gohida gapimga qovushmay gapim,
Bitta soʻz dardida oʻlgim keladi.
Men shoir boʻldimmi?!
Tilimni bulbulga oʻptirganing rost,
Koʻksimda duldullar choptirganing rost.
Buni kim biladi oʻzimdan oʻzga,
Qani menda jur’at, qani ehtiros?
Men shoir boʻldimmi?!
Misralar olifta, baytlarim quruq,
Hozircha koʻksim boʻsh, yuragim duduq,
Men oʻzim yonmasam, el qanday yonsin?
Soʻzimda olov yoʻq, soʻzimda oʻt yoʻq.
Men shoir boʻldimmi?!
Menga choʻgʻlari koʻp koʻz ber, Xudoyim,
Kunning suqlari koʻp yuz ber, Xudoyim.
Oʻzing hamma soʻzni aytib boʻlgansan,
Bersang, oʻqlari koʻp soʻz ber, Xudoyim!
Men shoir boʻldimmi?!
2003


* * *
Bilaman, bu yoʻlning shartlari ogʻir,
Bu yoʻldan shunchaki oʻtib boʻlmaydi.
oʻamlari beshafqat, dardlari ogʻir,
Bu yoʻldan shunchaki ketib boʻlmaydi.
Lekin ortga qaytib nima qilaman,
Soʻzlar najot soʻrab baqiraversa?
Xudoyim, men qanday uxlay olaman,
Tushimda Xizrlar chaqiraversa?
Endi dardlar meni tarbiyalaydi,
Oʻtkinchi hislardan qochib boraman.
Yana yuragimda she’rlar gullaydi,
Oʻzimga oʻzimdan kechib boraman.
Baribir, yillarga bermas edim tan,
Boshqa manzillarga roʻbaroʻ etsa.
Tangrim, qismatimdan ming bor roziman,
Meni shu yoʻl bir kun Oʻzingga eltsa.
2004


Soʻz

Men Undan uyaldim, men Undan qoʻrqdim,
Koʻnglimni tarjima qilolmadi U.
Oyogʻidan qirqdim, boshidan qirqdim,
Baribir, meniki boʻlolmadi U.
Undan ketolmayman, Undan qolmayman,
Taqdirim U bilan sherik-ku, Ona.
Unga yetolmayman, lekin tolmayman,
Bu dunyo Soʻz bilan tirik-ku, Ona!
2004


Shoir

Hamma soʻzlar Seniki edi,
Sochding, terib olaverdim jim.
Bu oltinlar meniki endi,
Men eng baxtli oʻgʻriman, Tangrim!
2006


Iqror

Tunlarga yigʻladim. Oyga yorildim,
Jonimdan tovonlar toʻlayotirman.
Oʻzimcha oʻylardim: «She’rga yoʻgʻrildim».
Bugun bitta Soʻz deb oʻlayotirman.
Arziydi osmonlar bagʻrimga kelsa,
Axir, yulduzlardan koʻp mening dardim.
Qaniydi, qaniydi, imkoni boʻlsa,
Koʻnglimni koʻrsatib qoʻya qolardim.
Yelkamda togʻlar bor — koʻtarolmayman,
Nimaga xabar yoʻq yulduzlarimdan?
Bu ketishda boshqa koʻkarolmayman,
Ajralib qoldimmi ildizlarimdan?!
Mening osmonlarim qayda — bilmayman,
Faqat bilib oldim ushoqligimni.
Tavba qildim. Ortiq da’vo qilmayman,
Men endi tushundim qashshoqligimni.
2004


Ostona

Adabiyot, menga ishonasanmi?
Senga taqdir degan yoʻlimni bersam,
Hech kimga bermagan qoʻlimni bersam,
Bor-yoʻq boyligimni — Dilimni bersam.
Adabiyot, menga ishonasanmi?
Buyuk soʻzlar uxlar tilim uchida,
Umidlar jon saqlar jonim ichida.
Ozgina erkalik qilsam ham chida.
Adabiyot, menga ishonasanmi?
Dogʻingda qanchalab qonlar ichilgan,
Gʻamga toʻlib oqqan soylar kechilgan,
Netay, yoʻllaringga rizqim sochilgan.
Adabiyot, menga ishonasanmi?
Tunlarni kunlarga ulab chiqarman,
Hayotning tilidan soʻzlar yigʻarman,
Yerga sigʻmasam ham she’rga sigʻarman.
Adabiyot, meni tushunasanmi?
2006


Qismat

Riyoni bilmaydi azim daraxtlar,
Hech kimga sezdirmay qilar ibodat.
Sirlarin boy bermas, oʻtsa-da vaqtlar,
Mudom sukut odat, tafakkur odat.
Joni ogʻriydimi — bezovta, bedor,
Ba’zan oshiqlarday sarmast hislardan.
Daraxtlar kapalak kabi beozor,
Kim ziyon koʻribdi shu munislardan?
Men ham bitta daraxt boʻlgim kelgandi,
Shoxlariga quyosh, oylar osilgan.
Faqat baxtsizligim yo baxtimgami,
Peshonamga Odam boʻlish yozilgan...
2006


“Nimadir” Nima?

Oyni kim uzib oldi?
Togʻlarda ham haybat yoʻq.
Quyosh qayga yoʻqoldi?
Daraxtlarda hayrat yoʻq.
Nimadir qilish kerak...
Adabiyot hali ham
Yolgʻonlarga bermas chap.
Yangilandi koʻhna gʻam,
Hammayoqda eski gap.
Nimadir deyish kerak...
2006


* * *
Yurak, bitta she’r tugʻib ber, bolam boʻlsin,
Doyalari qoʻlim boʻlsin, qalam boʻlsin.
Hislaringni ermak qilgan toshchalarga
Ikki dunyo yetib-ortar alam boʻlsin.
Jonimga jon jonlar aro erib ketay,
Dardlarini, gardlarini terib ketay.
Keyin she’rsiz turolmasin, turolmasin,
Men dunyoga she’r dardini berib ketay.
2002


Uchirmalar

Huzuringga oʻchib borib, yonib keldim,
Oʻzimni ham, soʻzimni ham tanib keldim,
Oxir borib taqdirimga koʻnib keldim.
Zabonimni poklab oldim isming bilan,
Ruhim oʻzi tilga kirdi izming bilan,
Bori umrim she’rga koʻchdi nazming bilan.
Qancha dardlar kelib-ketdi — nomlamadim,
Ummon edi, koʻzyoshimni jamlamadim,
Bu gʻamlarni ermak uchun gʻamlamadim.
Yoʻllarim koʻp, yoʻl topolmay hayron oʻzim,
Dunyolarning qoʻllarida ayron oʻzim,
Sayyodini yaxshi koʻrgan jayron oʻzim.
Yuragimga son-sanoqsiz talab qoʻydim,
Sovimasin, dedim — oʻtlar qalab qoʻydim,
Ildizimni tuproqlarga ulab qoʻydim...
2007


Nimam Qoldi Abadiyatga?

Ogʻriq

Qancha kunlar qazo boʻldi,
Jonimizga jazo boʻldi.
Bizdan kimlar rizo boʻldi?
Egamizga nima deymiz?
Iymon azim daraxtdir xoʻb,
Yaprogʻidan mevasi koʻp,
Shoxlarini sindirdik xoʻp,
Egamizga nima deymiz?
Kapalakka qoʻl bermadik,
Chumoliga yoʻl bermadik,
Dil olmadik, dil bermadik,
Egamizga nima deymiz?
Uygʻongimiz kelmas sira,
Koʻzimizni bosgan shira,
Borgan sari koʻngil xira,
Egamizga nima deymiz?
Shayton buncha sohibjamol?!
Qonimizda topar kamol,
Hayotimiz — bitta savol:
Egamizga nima deymiz?
2007


Biz

Koʻhna xotiralar mahzun koʻz ochdi,
Hayot qozonida koʻpaydi kamlar.
Quyosh chiqqaniga ming yildan oshdi,
Nega uygʻonmaydi odamlar?!
Qadamlar nojoʻya, qadamlar ogʻir,
Giyohlar koʻzida obi zam-zamlar.
Yuzini yashirib yigʻlamoqda Yer,
Nega ishonmaydi odamlar?!
Qoʻllarida Choʻgʻni asragay qanday,
Nahot, oʻchib borar asriy bu shamlar?
Jannatga buyurtma berib qoʻyganday,
Nega shoshilmaydi odamlar?!
Shabnamlar alvido aytdilar sokin,
Bir nurli visoldan titragan damlar.
Bu tong oxirgisi boʻlishi mumkin...
Nega tushunmaydi odamlar?!
2008


Oʻziga

Chaqirsang, hech qayerga chekinmasdan keldim-ku,
Togʻlarning orqasiga bekinmasdan keldim-ku.
Qargʻalarning tiliga insof tilab yashadim,
Oʻzimdan boshqasiga teginmasdan keldim-ku.
Endi holimni soʻra.
Qachongacha armonlar kulbasiga qoʻnoqman,
Men dunyoning ortidan chopayotgan choʻloqman.
Yillar aro soʻzlarim manziliga yetmaydi,
Yuragimni tilimga koʻchirgani noʻnoqman.
Endi koʻnglimga qara.
Sovib qolsam, jonimni qaysi oʻtlarga tutay,
Nurlaringning bagʻrida kirlarimni yoʻqotay.
Boʻshab qolgan koʻzlarim, oʻzim bedor boʻlmasam,
Koʻksimdagi qushchani qanday qilib uygʻotay?!
Endi holimni soʻra.
Men bu yerga Sen uchun egilgani kelganman,
Lolalarning koʻziga tikilgani kelganman.
Ishontirsang, hukmingni bajarmasdan ketmayman,
Hammayoqni gullatib, toʻkilgani kelganman.
Endi koʻnglimga qara,
Endi oʻzimga qara...
2005


* * *
Rizqim tosh boʻlsa ham, halol et — qand qil,
Meni mendan qutqar, Oʻzingga band qil.
Tubanda yuzimni yoʻqotayozdim,
Meni yuragimdan boshlab baland qil.
2007


Oʻzimni Ber

Xudoyim, oʻzimni oʻzimga bergin,
Oʻzimdan boshqani sogʻinganim yoʻq.
Bulut toʻlib qolgan koʻzimni koʻrgin,
Yashash tugul hali tugʻilganim yoʻq.
Yomgʻirlar Hayotdan bergaymi darak,
Hademay chaqmoq ham oʻtib ketadi.
Dunyoga bir Inson ovozi kerak,
Qachon yuragimni toʻlgʻoq tutadi?!
2005


Ikki Dunyoda Ham...

Xatolarda boshqa qaytalanmasdan,
Yolgʻon dunyo uchun foydalanmasdan,
Duch kelgan sinovda maydalanmasdan,
Dardlarning qoʻlida katta boʻlsaydim.
Hayot — koʻkdan kelgan omonat xat, deb,
Ertangi saodat bugun zahmat, deb,
Balolar yogʻilsa, obi rahmat, deb,
Azobini suvday yuta bilsaydim.
Koʻzim xira tortsa, nur berib tursa,
Mening oʻrnimga ham gul terib tursa,
Koʻnglimning uyini supurib tursa...
Umid qizlariga ota boʻlsaydim.
Yo, Rab! Shuncha ogʻriq bir jonimda jam,
Meni mingga boʻlib qoʻymasmi gʻussam?
Ikki dunyoda ham ikkilanmasam,
Ikki dunyoda ham bitta boʻlsaydim...
2006


Qachonlardir...

Qachonlardir men ham Odam boʻlganman,
Qachonlardir men ham farishta edim.
Shu paytgacha Havo soʻrab kelganman,
Bugun huzuringga Nur soʻrab keldim.
Nimaga oʻzimga hushyor emasman,
Qara, lahzalarim bormoqda sinib.
Nahot, yorilishga tayyor emasman,
Nahot, yashayverish kerak xoʻrsinib?!
Nurlar tushmaydigan joyda qolganman,
Yana Oyga qarat, Quyoshga qarat.
Toʻkilib boʻlganman, tugab boʻlganman,
Meni tuproqqa sol — qaytadan yarat.
Qachonlardir men ham Odam boʻlganman...
2005


Kimga Atalganman?

Ruhim — osmonniki, tanam — yerniki,
Qaysidir makonga bogʻlangan koʻnglim.
Jonim — armonniki, qonim — she’rniki,
Kimga atagansan oʻzimni, Tangrim?
Gullarning ishi yoʻq vujudim bilan,
Faqat soʻzlarimga shaydo bir zumcha.
Oʻzi, kimnikiman bor-budim bilan?
Kimga atalganman butunligimcha?
2003


Oʻn Sakkiz Yosh Rozlari

Lolajon, unutma mening nomimni,
Men koʻhna dunyoni etyapman sayr.
Koʻtarib ketyapti yillar jonimni,
Bolalik, koʻzingdan ketyapman, xayr.
Ana, uchib ketdi mening umrimdan,
Oʻn sakkizta turna — oʻn sakkiz azob.
Balki, hisobimga yozildi birdan
Oʻn sakkizta gunoh, oʻn sakkiz savob.
Qalbimning oʻn sakkiz yeri yam-yashil,
Bahor oʻn sakkiz bor menga yuz burdi.
Labimning oʻn sakkiz yeri qip-qizil,
Lola oʻn sakkiz bor labimni koʻrdi.
Jonimni qogʻozga yediraverdim,
Aytmoq istayverdim tirik soʻzimni.
Oʻn sakkiz yil aro qidiraverdim,
Zora, oʻn sakkizda topsam oʻzimni...
2001


Iztirob

Lahzalar qoʻlingdan qushday uchsalar,
Fayziyob kunlaring tushday kechsalar,
Kullar orasida bezovta choʻgʻday
Pok soʻzlar koʻzingni moshday ochsalar,
Qancha gul damlaring xayolga ketsa,
Joning kukunlari shamolga ketsa,
Kipriging ustida ulgʻaysa orzu,
Koʻzingda iztirob kamolga yetsa,
Vaqtga buyruq bersang: «Shoshma, birodar,
Behuda toʻkilma, toshma, birodar,
Ertaga izimni izlab kelasan,
Bu qadar haddingdan oshma, birodar!»
Muzlarning bagʻrida yonib, yonolmay,
Mangu bir lahzaga qoʻnib, qoʻnolmay,
Bebosh yulduzchalar koʻz suzaversa,
Yursang oʻz qatlingga koʻnib, koʻnolmay...
Qum, toshlar qalashib yotar yoʻlingda
Ming oʻydan soʻng boʻlar birgina qadam.
Shu ojiz holingda, ushoq holingda,
Shu ojiz va yana magʻrur holingda
Yerga ham ogʻirlik qilasan, Odam!
2007


* * *
Qaysi gunohimning tavbasi bu she’r?
Qaysi dardlar bilan ogʻriyman bugun?
Bahor, uygʻotishni mendan boshlayver,
Yuragimda tugun — umrimda tugun.
Kimlarning umrini takrorlab qoʻydim,
Kimlarning aybi deb boshim egilgan?
Men Seni Hayotdan ortiqroq suydim,
Qara, koʻzlarimga gʻamlar ekilgan...
Tilimni soʻzlarda qirqib olganman,
Nahot, koʻksimda gul ochilmaydigan?
Koʻkka qarashga ham qoʻrqib qolganman,
Yulduz bormi koʻzga sanchilmaydigan?
Yillar oʻzi guvoh, qancha qiynaldim
Oʻzimni oʻzimga tushuntirgani.
O, yetar, shundoq ham uzoq chaynaldim,
Bahona yoʻq Seni ishontirgani...
2006


Hadik

Nafasimni vaqtga chaqib ber,
Nimam qoldi abadiyatga?
Har gunohim boʻldi bitta she’r,
Jafo qildim adabiyotga.
Mushtoq qildi bir toza nafas,
Bor gʻamlarni koʻzga oldim men.
Gulni emas, bulbulni emas,
Tuproqlarni she’rga soldim men.
Sovuq oʻylar... Yuragim muzlar,
Qachon obod boʻladi Ka’bam?
Meni aldab ketmasmi soʻzlar,
Avlodlarga yetarmi tavbam?!
2006


Dardsizlik

Kim bolam deb qor kurar
Tashvishlarning tomida.
Zamin tinmay gurkirar
Bani Odam gʻamida.
Rizq teradi damo dam
Qimirlagan neki bor.
Qilday qumursqaning ham
Koʻhiqofcha yuki bor.
Yelkalarga togʻ tushdi,
Kimlar uning ortida.
Oy yuziga dogʻ tushdi
Yulduzlarning dardida.
Bormikan bu bozorda
Ogʻziga tosh solmagan.
Nahot, shunday gʻamzorda
Menga mos Dard qolmagan?
2008


Tugama(ydi)gan She’rlar

* * *
Hoʻngrab ham shunchalik qiynalmas edim,
Mening kulgularim yigʻidan battar.
O, bu qadar uzoq oʻylanmas edim,
Soʻzimga izma-iz yurmasa xatar...
* * *
Bitta qanotda ham uchgan boʻlardim,
Yoʻl topib olardim oʻzim osmonga.
Quyoshga yaqinroq joyda oʻlardim,
Qaytmasdim gʻam toʻla yorugʻ zindonga.
* * *
Yonib borar qoʻlimda qalam,
Hamma gaplar aytib boʻlingan,
Soʻz dashtida daydib boʻlingan,
Tinch qoʻymaydi Dard degan bolam...
2007


* * *
Soʻzingni manzilga yetkazganim yoʻq,
Qachon koʻngillarni She’rga oʻrayman?
Tunlarimni halol oʻtkazganim yoʻq,
Tonglarning yuziga qanday qarayman?
Poklanib olgani Nur kerak menga,
Shaytonning qoʻlida chirmanda qilma.
Xudoyim, eng goʻzal She’r kerak menga,
Tonglarning oldida sharmanda qilma!
2003


Duo

Yashashni bilmasam, havo bermagin,
Koʻngilga begona navo bermagin.
Azoblar ichida koʻkardim, oʻsdim,
Iloyim, dardimga davo bermagin!
2004


* * *
Baribir, Vujudning bilgani — gʻirrom,
Koʻngilga solganing chindir, Xudoyim.
Boshqa dunyolarning otashi harom,
Meni bu dunyoda yondir, Xudoyim.
Yonmoq istayapman olovlaringda,
Rabbimo, koʻksimga choʻgʻ otib yubor.
Toblanib olayin sinovlaringda,
Uygʻongim kelyapti, uygʻotib yubor!
2003


* * *
Yurolmayman, oyogʻimda loylarim koʻp,
Kuchukchalar tishlab olgan joylarim koʻp.
Osmonlarga da’vogarlar bisyor ekan,
Chap koʻksimda chiqmay yotgan oylarim koʻp.
Yuragimni kemiradi ming bitta oʻy,
Nahot, endi yalpizlarim sochmaydi boʻy?!
Men bandangning qoʻllariga ishonmayman,
Tangrim, endi Oʻzing meni turgʻizib qoʻy!
2003


* * *
Meni yondir, dedim — olovga tutding,
Zarra-zarramgacha yoniblar ketdim.
Har bir qadamimda sinovga tutding,
Qoqilib yashashga koʻniblar ketdim.
Boshimni toshlarda yordim necha bor,
Nega uygʻonmayman, mudrayman doim?
Oʻzing xohlamasang, hammasi bekor,
Odam qiladigan Dard ber, Xudoyim!
2003


* * *
Balki, bu ham boʻlsa yaxshilikkadir,
Yogʻayotgan toshlar — Haqning rahmati.
Bir kuni dardlarim topgusi qadr,
Qachon beiz ketgay qalbning zahmati?
Axir, nima qilay, gunoh ham taqdir,
Koʻrinmay boʻlmaydi uning koʻziga.
Avvalo, xatoni tanigan haqdir,
Tavbadan gul ekib borar iziga.
Besamar ketmagay qon yutganlarim,
Garchi koʻnglim hamon sargardon, daydir,
Yaxshi koʻrganlarim — yoʻqotganlarim
Bir kun oʻzi meni topib olgaydir...
2007


* * *
Xudoyimning hurlaridan farqingiz yoʻq,
Koʻksingizga yulduz toʻlib turgan paytda.
Koʻzingizni ochmaslikka haqqingiz yoʻq,
Yoningizda odam oʻlib turgan paytda.
Bugun yana gʻamlarimni boshlab keldim,
Men abadiy dardlar bilan kelsam kerak.
Yuragimni osmonlarga tashlab keldim,
Oʻzim endi tuproq boʻlib qolsam kerak.
Oʻzgalarning baxti deb ham yigʻlab turing,
Oʻlmaydigan navo olib keling menga.
Dardlarimning davosini qoʻyavering,
Sochingizda Havo olib keling menga.
Ogʻriqlarim Xudoyimning bergani-da,
Koʻksim endi ikki dunyo boʻsh turmaydi.
Peshonamga Quyosh tegib turganida,
Uygʻonmasam, tonglar meni kechirmaydi...
2004


* * *
Nafas olishga ham xohishingiz yoʻq,
Tirikka oʻxshamas tuygʻularingiz.
Bilmasdan, koʻzimga otayapsiz choʻgʻ:
Meni uygʻotmoqda uyqularingiz.
Uchib ketgan qushlar qaytib kelmaydi,
Yashashga kunlardan shartlar soʻradim.
Mayda dardlar meni Odam qilmaydi,
Umrimni eng buyuk gʻamga oʻradim.
Oʻtkinchi shamollar qoʻrqitmay qoʻydi,
Daraxtlar bagʻrida guvillayverdim.
Yuragimga tegib quyoshlar kuydi,
Qishlarga tan bermay lovullayverdim.
Yumuq koʻzlaringiz ochiq ketmoqda,
Men hozir Oʻzimni topib olaman.
Tasodif boʻlib siz uygʻongan chogʻda,
Koʻzlarimni asta yopib olaman...
2005


Ta’qib

Katta-Kichik

Hayot gullariga eng mard xaridor,
Boʻlsa oʻzlariga suyuk yuklari.
Toshlarni uygʻotgan nurday xokisor,
Kichkina qalblarning buyukliklari.
Yuzlarin Quyoshga teskari burar,
Bulut koʻzlaridan ketmaydi nari.
Mudom hayotingni egovlab turar
Katta odamlarning maydaliklari.
2007


Ogohlantirish

Magʻlubiyat, bunchalar ham alaming zoʻr,
Bunchalar ham peshonang shoʻr, magʻlubiyat.
Aytib qoʻyay, yuragimning jahli yomon,
Yaqinlashsang oʻzingdan koʻr, magʻlubiyat.
2006


* * *
Oʻzimni boshqargim keladi oʻzim,
Dunyo, tushunmaydi toʻrachalaring.
Quyosh, seni quchmoq istayman bir zum,
Nega yoʻl qoʻymaydi zarrachalaring?
2003


Hayot Spektakli

Kechagi yosh bola bugun kemshik chol —
Birov tugʻilganda birov oʻladi.
Yana oʻsha oʻzim xohlamagan rol...
Dunyo tomoshabin boʻlib kuladi.
Odamlarga aytar boshqa gapim bor,
Tugab boryapman-u, nega barcha jim?
Meni ma’zur tuting, janob Rejissyor,
Baxtlilar rolini oʻynab charchadim...
2006


Buloqbola

Maysaday uygʻondim toshlar bagʻrida,
Yellar beshigida topdim halovat.
Togʻlar asrab keldi qishlar qahridan,
Kiyiklar tilidan uchdi salovat.
Buloqbola boʻldim — tiniq nigohi,
Diydamdan oʻtdilar turfa qadamlar.
Gohida yigʻlatib, kuldirib gohi
Koʻzlarimni ochib qoʻydi odamlar...
2007


Ta’qib

Nihoyat, tongdan ham goʻzal uygʻondim,
Yogʻdular yogʻildi qaroqlarimga.
Oʻzimga ishondim — nurlandim, yondim,
Quyosh tegib ketdi barmoqlarimga...
Sabab koʻp kunlardan koʻngil toʻqlashga,
Dunyolarni quchib, oʻsmoqda qoʻlim.
Shunday Hayotimda meni yoʻqlashga
Nimaga xijolat boʻlmaysan, Oʻlim?!
2006


Hasrat

Yaram oʻtib ketdi jon-jonlargacha,
Hali koʻp ingrayman azonlargacha.
Oʻylab charchamayman qachonlargacha
Armon gullariga ildizligimni?
Koʻzimga tumanlar kutadi kimlar,
Izimga tikanlar otadi kimlar,
Soʻzimga kishanlar tutadi kimlar,
Bilib osmoni yoʻq yulduzligimni.
Mudom koʻz ostidan chiqqan arilar,
Umrimdan gunohlar yiqqan arilar,
Birovning nishida chaqqan arilar
Bilmasmi bulbulmas, qoʻngʻizligimni?
Yuragim — oyoqlar tiqilgan chashma,
Hali bir tomchimga qilaman tashna,
Yuzimga solishing shart emas, oshna,
Oʻzim ham bilaman yolgʻizligimni...
2002


Jondan Oʻtdi

Toqqa chiqay, desak, toshlar qoʻymasa,
Koʻzga yoqay, desak, qoshlar qoʻymasa,
Yashashga mana bu boshlar qoʻymasa...
Bizga ham atalgan dunyolar bormi?!
2006


Oyga Tegmang

Nima qilsam, Oyni boshqa yigʻlatmaysiz.
Nima qilsam, tinch qoʻyasiz osmonlarni?
Nima qilsam, yulduzlarga tosh otmaysiz,
Nima qilsam, oʻldirmaysiz jayronlarni?
Birga Haqning ayvoniga boradi, deb,
Qaldirgʻochlar qoʻllarimdan tutib olgan.
Hech boʻlmasa, panoh soʻrab beradi, deb,
Oyogʻimga kiyikchalar yotib olgan...
Yomonlarga pastlagim yoʻq, asli, lekin,
Giyohlarning nomlaridan qoʻl soʻrayman.
Hali kechmas, hali yana sevish mumkin,
Men gullarning koʻngli uchun yoʻl soʻrayman.
Nurga qayting — roʻyolarni ketkazasiz,
Yeru koʻkning tinchi uchun boshlandi jang.
Bu ketishda umringizni yutqazasiz,
Oʻzingizga shafqat qiling — Oyga tegmang.
2005


Gado

Meni mayda gʻamlar koʻkartirmadi,
Bitta-bitta uzdi tomirlarimni.
Hali ham koʻksimga koʻklam kirmadi,
Hayotga qarz berdim bor nurlarimni.
Qargʻalar ortimdan ne desa, dedi,
Har kelgan baloni hikmatga yoʻydim.
Eng katta davlatim yuragim edi,
Uni ham birovga boy berib qoʻydim.
Shu gʻarib holimga buncha qiynaysan,
Zigʻircha jonimga boʻlganmisan zor?!
Baribir, yaxshisan, quruq qoʻymaysan,
Chorrahaga tashlab meni umidvor...
2006


* * *
Koʻzi yoʻqlar ham yashab yuribdi,
Soʻzi yoʻqlar ham yashab yuribdi,
Oʻzi yoʻqlar ham yashab yuribdi,
Nega menga kun bermaysan, Hayot?!
2006


* * *
Koʻksimning ogʻrigʻi — she’rimga doya,
Bagʻringdan qidirib yuribman Ziyo.
Bergan gʻamlaringga bormi nihoya,
Koʻzlarimda nima haqqing bor, Dunyo?!
...Xayolan tutaman qoʻlchalaringdan,
Yurakka botirib, suraman qalam.
Hali umidim koʻp tilchalaringdan,
Ishqilib, oʻzimga oʻxshagin, Bolam!
2004


* * *
Yalinchoq emasman, kibrimmikan bu?
Oʻzimning oʻzimga jabrimmikan bu?
Yashashim mumkin-ku jonimni siylab,
Tosh tishlab yuribman, sabrimmikan bu?!
2003


* * *
Balanddan kelganga osmondan keldim,
Boshimga koʻtardim yerga tushganni.
Gullarning qoshiga nur boʻlib yeldim,
Tashladim-da, qochdim burni shishganni.
Oʻzim katta qildim — bu dardlar oʻktam,
Toshdan togʻ yaratdim, zarradan otash.
Faqat ogʻir ekan hammasidan ham
Shamollar yurtida sham boʻlib yashash...
2007


Yulduzli Oʻylar

Koʻzlarimga yulduzchalar toʻlib ketdi,
Dunyolarga havas endi dunyolarim.
Uch-toʻrt it til tekizganday boʻlib ketdi,
Loyqalanib qolarmidi daryolarim?
Nima koʻrdi qaygʻu bergan namdan boʻlak?
Yuragimga boychechaklar ilib oldim.
Oʻzi, menga nima berdi gʻamdan boʻlak?
Dunyosiga qoʻl siltashni bilib oldim.
Eslamayman itlar hurgan yoʻllarimni,
Ortimdan bir irilladi — qolaverdi.
Ilonchalar chaqib oldi tillarimni,
Tangrim dilga solaverdi, solaverdi.
Men roziman, mayli, kimdir qoʻllayversin
Yuragimning nasibasin yeganlarni.
Koʻzlarida hayratlari gullayversin
«Osmonining quyoshi yoʻq», deganlarning.
Berkiladi gʻanimlarning yoʻlchalari,
Osmonlarim bagʻrimga gul sepib tursa.
Qoʻyvormasa yulduzlarning qoʻlchalari,
Ona Hilol tovonimni oʻpib tursa...
2002


Umid

Bir burda non bilan kunim oʻtardi,
Shuni ham koʻp koʻrding — avzoying buzuq.
Hayot yana suvdan gʻalvir koʻtardi,
Har galgidek mendan nomu nishon yoʻq.
Garchi qarolmadim Quyoshga tikka,
Garchi saratonda turib muzladim.
Koʻnikib ketmadim chorasizlikka,
Oyning nurlarida yoʻllar izladim...
Tugab boraverdi gʻamlarning togʻi,
Yigʻlab qoldi armon qizi — ojiza.
Izlarimni poylab yurgandi, chogʻi,
Bu gal meni kutib olar Moʻ’jiza...
2007


Toʻplamga Kirmagan She’rlar

Tavallo

Har kim oʻz qismati qoshida ojiz,
Garchi atrofimda doʻstlar bor — xolis,
Ular ummondagi choʻp kabi ojiz,
Oʻzingdan oʻzgaga aytar dardim yoʻq.
Ogʻir bu yillarning toshi yengilmi,
Birov yecholmadi tilsim sevgimni,
Uchratmasang, qaydan topay tengimni,
Oʻzingdan oʻzgaga aytar dardim yoʻq.
Umrimni choʻqilab zogʻlar almashdi,
Yoʻqolib-yoʻqolmay dogʻlar almashdi,
Yelkamdan tusholmay togʻlar almashdi,
Oʻzingdan oʻzgaga aytar dardim yoʻq.
Xayolim kishanda, koʻnglim kishanda,
Soʻradim — soʻrashni qilmadim kanda,
Avliyo boʻlsa ham bandasi — banda,
Oʻzingdan oʻzgaga aytar dardim yoʻq.
Savobu gunohda beqarordirman,
Ajab, shu holimga serviqordirman,
Umidsizlik aro umidvordirman,
Oʻzingdan oʻzgaga aytar dardim yoʻq!
2009


Uzun Orzu

Birdan qanot oʻsib chiqsa yelkamdan,
Uchsam. Hammasini unutsam. Ketsam.
Asar ham qolmasa shum koʻlankamdan,
Armon yetolmagan manzilga yetsam.
Quvib tutolmasa ortimdan lain,
Muhabbat oʻrtada boʻlmasa dallol.
Xuddi shu eng maqbul, toʻgʻri yoʻldayin —
Uchishim hech kimga kelmasa malol.
2008


* * *
Bardosh libosining iplari tigʻdan,
Amallab kiydingmi, yechishdan ne naf?
Koʻzingni yashirma koʻngli munglugʻdan,
Seva olish sharaf, sevilish sharaf.
Daqyonusdan qolgan bu dahri dunda
Bir yangi zarraday koʻzga ilinsam.
Murodim gullari ochilgan kunda
Ne tong, yashash uchun mahkum qilinsam!
Soʻnggi nafasgacha eshiklar ochiq,
Oʻz holidan oʻzi gumonda gumon.
Nazdimda, koʻrmagan bu qadar Oshiq
Bir tomchi Diydorga gʻarq boʻlgan jahon...
2008


Eski Haqiqat

Dunyo eski, tashvishlar eski,
Navqironday bu gʻamlar koʻhna.
Qarsak chalib topamiz taskin,
Hayot oʻzi eski bir sahna.
Gar pixini yorgan fuqaro
Oʻzlashtirmoq boʻlar bugunni,
Yecholmaslar ming yillar aro
Sevgi degan eski tugunni.
Kim birovni yigʻlatib kular,
Shu oʻyinlar menga qiziqmi?
Yo oʻchirib berarmi ular
Peshonamda turgan chiziqni?
Faqat sira tinch qoʻymas bir hol,
Oʻylatadi dunyo ishlari:
Nigohlari ma’yus majnuntol,
Chinorlarning xoʻrsinishlari...
2008


Bozor

Bugun ham pul emas, Nur izlab chiqdim,
Nigohlarim toza — koʻzimda kir yoʻq.
Yana nazari och toʻpga yoʻliqdim,
Odamman degan koʻp, yuzida nur yoʻq.
Qanday yurak ochay yuraksizlarga,
Nahot, shularni deb toʻkmoqchiman ter?
Yordam bergim kelar mahbus soʻzlarga,
Gaplar osmondadir, poygaklarda She’r.
Yashash hadisini bilmasman, balki,
Insonlik ilmidan olurman ta’lim.
Halollikdan saboq berarmi yoki
Oʻzi amal qilmas Hayotmuallim?
Toshlarni chaynashga temir tishim bor,
Choʻkib ketmaslikka toparman qudrat.
Menshunoslar bilan nima ishim bor,
Bu yoʻldan koʻz yumib oʻtgum yoʻq faqat...
2008


Doʻst

Meni telbalarcha qoʻmsar Yolgʻizlik,
Koʻzlari yoʻlimda ilhaq, nigoron.
Uni ham har koʻyga solar yorsizlik,
Shunisi yomon-da, shunisi yomon.
Nechundir, bu holga oson koʻnikdim,
Koʻnglim chopar uning koʻnglin olgani.
Yoningga bormasam, kechir, seviklim,
Qoʻrqadi Yolgʻizlik yolgʻiz qolgani.
2008


Tavsif

Adashgan Ishq suratida yurdim daydib,
Sendan boshqa kimga borsam malol boʻldim.
Ostonangdan minginchi bor ketdim qaytib.
Eshigingni ocholmagan shamol boʻldim.
Chimdimgina Nurni kimlar qisindilar,
Kabutarlar quchogʻimda isindilar,
Meni oʻylab yillar ogʻir xoʻrsindilar,
Haqiqatning hidi kelgan savol boʻldim.
Togʻlar aro ketolmadim koʻngil tusab,
Bir nurchehra Gul qidirdim — toza nasab,
Elga darddan koʻp bejirim koʻza yasab,
Oʻz baxtini yaratmagan kulol boʻldim.
2008


* * *
Men pastga tushmadim, siz chiqmadingiz —
Hayot eshiklari ochilmay qoldi.
Dardu dodim bilan qiziqmadingiz,
Xayolimni butkul yulduzlar oldi.
Holbuki, har nedan izladim ma’ni,
Kunlar ogʻib borar qoldirolmay iz.
Hisobmas soatning mingʻirlagani,
Azizim, baribir, yasholmayapmiz.
Hozircha topganim, erishganim shu —
Mahkumman izsizlik(oʻzsizlik) degan jazoga.
Siz yerda yurganday koʻrinasiz-u,
Mendan yaqinroqsiz arshi a’loga.
Samoviy oʻylardan chalgʻiyman bir oz,
Ostonam ortida yoqimli dupur.
Entikaman, xolos, shoshaman, xolos,
Eshik taqillaydi. Xudoga shukur!
2009


Javob

Meni tushunmadi tushunganlarim,
Ularni tingladim, oʻzimni tiydim.
Ishonmay qiynadi ishonganlarim,
Mitti ozorlarni kechirdim-qoʻydim.
Har xasga berkitdim quloqlarimni,
Haqgoʻy koʻzlarimni atadim gʻanim.
Shamoli oʻchirdi chiroqlarimni,
Mendan kechib ketdi kechmaganlarim.
Doʻstlar, doʻstlarimga ayting, shoshmasin,
Arzonga uchmasin sotmoqchi boʻlsa.
Xiyonatida ham maydalashmasin,
Kattaroq tosh otsin otmoqchi boʻlsa.
2008


“Uchlik”Larim

Soʻqirning qoʻliga sham berma dedim,
Hayot kafgiriga dam berma dedim,
Mendan boshqasiga gʻam berma dedim.
* * *
Soyaday qadamim poylaydi Gunoh,
Meni oʻzimdan koʻp oʻylaydi Gunoh,
Nimaga yashashga qoʻymaydi Gunoh?
* * *
Tovlanishni bas qil, zarga ogʻmayman,
She’r bilan ovutma, soʻzga sigʻmayman,
Men yigʻlay olmaslar uchun yigʻlayman.
2008


Oʻgʻil

Dada, dalangizga dard sochib keldim,
Yana mashaqqatu zahmatlar Sizga.
Belingiz ogʻridi, men qochib keldim,
Qachon olib berdim rahmatlar Sizga?
Aya, sogʻinchingiz sochi oqardi,
Bormadim — koʻpayib ketdi toʻylarim.
Shu yoshimda faqat sevish yoqardi,
Sizdan koʻra koʻproq uni oʻyladim.
Boshdan nima oʻtdi — bildirganim yoʻq,
Kimdir toʻkaverdi nur izlarimga.
Oʻzimni-ku xafa qildirganim yoʻq,
Ozor berib qoʻydim azizlarimga.
Maysalar, paryostiq boʻling, bosh qoʻysa,
Chinorlar, Otamning yonida yuring.
Bolasini oʻylab yuragi kuysa,
Achchiqqina qilib choy damlab bering.
Bu tashvishlar bilan boʻlmaydi qarib,
Meni kutish uchun kelgan olamga.
Qoʻllari tolmasin chelak koʻtarib,
Bulutlar, suv tashib bering Onamga.
Dada, dardingizga boshman, bilaman,
Aya, tushlaringiz bir kun kelar oʻng.
Hali yuzingizni yorugʻ qilaman,
Odamshoir boʻlib borganimdan soʻng.
2008


* * *
Tashqariga chiqdim. Yuragim qoʻlda.
(Butun bir koʻchani yoritarmi sham...)
Boʻlishi mumkin-ku xuddi shu yoʻlda
Umrida yorugʻlik koʻrmagan odam.
2008


* * *
Men — oʻzini sotib qoʻygan qul,
Xayolimga zanjir solib ber.
Oʻzingdan oʻzgadan ozod qil,
Yuragimni undan olib ber.
Osmon edim, qanday egildim,
Qaro yerga donday toʻkildim,
Nahot, shuncha oson yengildim,
Yuragimni undan olib ber.
Qanday ishq bu, yoʻldan chalgʻitsa,
Oʻtdan olib oʻtga irgʻitsa,
Parishonman, yana toʻzgʻitsa...
Yuragimni undan olib ber.
Bir nigohga menday zormas u,
Toza dardga intizormas u,
Meni Senga olib bormas u,
Yuragimni Guldan olib ber.
2008


Koʻngil

Hech boʻlmasa, xafa boʻldim, de,
Oʻ boʻlmasa, biror soʻz ayt, hoy!
Faqat bunday qarama menga,
Koʻzim tegib sinib qolgan Oy.
2008


* * *
Sevgi yomon, sevgi dilozor,
Bor-budimdan meni ayirdi.
Andishasiz mehmonday beor
Dil uyiga soʻroqsiz kirdi.
Chehrasida jozib tabassum,
Bir chiroyli hislardan iydim.
Beixtiyor — bilmasdan oʻzim
Uy toʻriga oʻtqizib qoʻydim.
E’zozladim, bagʻrimni ochdim,
Xizmatida boʻldim erta-kech.
Dasturxonga borimni sochdim,
Shundanmikan, ketgisi yoʻq hech.
Kundan-kunga boʻldi yaqinroq,
(Yo mezbonni yoqtirib qoldi.)
Xayolimga tashladi qarmoq,
Meni butkul ogʻdirib oldi.
¢ururimga keyin soldi chang,
Oʻzlashtirdi ichu sirtimni.
Hech qanaqa qoʻshinsiz — bejang
Ishgʻol etdi Koʻngil yurtimni...
Endi najot soʻrayman kimdan?
Yo boʻshatgim kelmas maydonni.
Haydolmayman hanuz umrimdan
Sevgi otli goʻzal shaytonni...
2008


* * *
Shu kecha ertagin tugatmasa qor,
Sen sovuq qotmasang — uyga kirmasak,
Oq, oppoqdan boʻlak rangni bilmasak,
Mayliga, kechiksa kechiksin bahor.
Ertani oʻylama, choʻchima sira,
Ayni dam yiqilib tushmasang boʻldi,
Qoʻlimdan mahkamroq ushlasang boʻldi,
Har bosgan izimiz billur xotira.
Kumush osmon gulday sochar mehrini,
Ohista chekinib tun pardalari,
Yuzingda porlasa oy parchalari,
Qorlar oʻchirolmas sevgim muhrini...
2008


Qorshe’r

Osmon bodroq toʻkdi kun boʻyi —
Borliq qoʻyni toʻla oppoq dur.
Tabiatning bu kumush toʻyi
Tarnovlarga ulashar huzur.
Koʻpni koʻrgan ogʻochlar yana
Yelkasiga olar bor yukni.
Hali davom etar tantana —
Asrash kerak har noziklikni
Keksa moʻri zerikmas chekib,
Lek havoni qilmas bemaza.
Izgʻirinning qalami tegib
Gulzor boʻlib ketdi deraza.
“Oqqush boʻlib qanot yozaylik!..”
Xayollarning yoʻqdir poyoni.
Tashqariga shoshar goʻzallik
Sharfga oʻrab olib hayoni.
Poklik chulgʻab borar har yerni,
Oqlik inar dalayu boqqa.
Ayozkotib eng dilbar she’rni
Dogʻ yuqtirmay koʻchirar oqqa...
2008


Togʻiston

Koʻnglimning koʻzida porladi hayrat,
Olloh, bugun Seni toshda ham koʻrdim!
Qoyalar borliqqa berganda ziynat,
Bulutga boshimni qoʻyib ulgurdim.
Kechir, togʻ qalbimni toqqa burmabman,
Chorlasa bormabman zangor kengliklar.
Yuksakka yuksakdan boqib koʻrmabman,
Tegramda qappayib turmish doʻngliklar.
Keldim. Bu soflikdan xijolatdaman —
Ozor topmasmikan nigohim tushsa?
Lazzatga gʻarq boʻlib tasbeh aytarman,
Gar obid giyohlar safiga qoʻshsa.
Zilol tuygʻularda koʻksimni chaydim,
Vujudga shavq berdi ruhiy tahorat.
Choʻqqilar boshida bir hikmat tuydim:
Yaratsang har neni togʻ kabi yarat.
Faqat bir hadikdan xayolim tilka,
Yoʻliqmasam edi beparvolikka.
Yashab qolay desam bu magʻrur oʻlka
Qabul qilarmikan fuqarolikka?
2009


Uygʻonish

Koʻzlarimdan olovlar sachrar,
Qafasdagi sherday ogʻrindim.
Huvillagan odamzor ichra
Hayot, Seni juda sogʻindim!
Kundaligim bir xil: uy, yoʻl, ish,
Qanoti yoʻq qushga oʻxshayman.
Tashvishlarning ortida tashvish...
Bu turishda qachon yashayman?
Qayda eshik ochdim gʻavgʻoga?
Yoʻl boshida yoʻqotdim yoʻlni.
Oz boʻlsa-da toza havoga
Olib chiqqim kelar Koʻngilni.
Yonib ketgim keladi birdan,
Ado qildi tunga sheriklik.
Nekbin-nekbin nigohlar bilan
Bugun senga zorman, Tiriklik!..
Yuragimda orzugul unar,
Umid tinmay qilar qoʻngʻiroq.
Borgan sari koʻzlarim tinar —
Borgan sari Quyosh yaqinroq...
2008


* * *
Sevgi, o, gunohdoshim,
Toʻpolonchim, beboshim!
Yuragimga tosh otding,
Sinay dedi bardoshim.
Hech gapimga kirmading,
Yoʻl boshladim — yurmading.
Oʻsh boladay ortingdan
Chopganimni koʻrmading.
Goh tirildim, goh oʻldim,
Gado boʻldim, shoh boʻldim.
Eshitmading, shekilli,
Yangilangan oh boʻldim.
Hislarimni oʻynading,
Pand berishni qoʻymading.
Oʻzing uni koʻrsatib
Yana meni qiynading.
Qilarmisan tasavvur:
Oʻ muhabbat, yo gʻurur.
Bir soʻz aytar sevgilim,
Ming yilgacha chidab tur.
2008


Maydon

«
Togʻay Murodga
»

1

Oydinda ot oʻynatdim,
Yonsin-yonsin yulduzlar.
Dilbuloqni qaynatdim,
Oʻngurlarda tosh muzlar.
Kirlar bosib yuzini
Oy uxlar qay qoʻyinda?
Nur yoʻqotdi oʻzini
Halol-harom oʻyinda.
Yolgʻon yotar bolalab,
Or alamda qovrilar.
Yaltir-yultur shon talab,
Kimga qoldi davralar?

2

Yurak chiqdi qinidan,
Yeru koʻkka sigʻmayman.
Oʻlganimning kunidan
Qoʻshiq aytib yigʻlayman.
El bilan chet ekansan,
Bor-budingdan kechib qoʻy.
Agar qizbet ekansan,
Belbogʻingni yechib qoʻy.
Koʻksingni nur dogʻlasa,
Yorugʻ niyat boʻladi.
Yigit yolgʻon yigʻlasa,
Uyat-uyat boʻladi.
Oʻrningizni qizgʻoning,
Toza zot nomardlarim.
Uygʻoning-a, uygʻoning,
Ay, polvoncha dardlarim!
2008


Soʻnggi Va’da

Yorugʻ she’rlar yozaman endi,
Sen ham faqat yaxshi tushlar koʻr.
Men ikkinchi oʻzimni yengdim,
Hech narsa yoʻq yuragimdan zoʻr.
Oʻz izmiga tushar hammasi,
Qor ostida qolib ketmas iz.
Jinkoʻchada zulmat sharpasi,
Omon saqlar bizni Ishqimiz.
Ota, sizga oʻxsholmayman deb,
Berkitmayman nurga xonamni.
Bu ahvolda yasholmayman deb,
Qoʻrqitmayman mushfiq onamni.
Nima yoʻldan urar bandani?
Aytganingdan chetga jilmayman.
Tangrim, kechir men arzandani,
Ortiq Senga isyon qilmayman.
Oʻz yurtiga haydayman gʻamni,
Yoʻqotishdan, tamom, qoʻrqmayman.
Topolmasa agar kulbamni,
Yorugʻlikni oʻzim yoʻqlayman.
2008


* * *
Soʻz izlab sargardon, soʻz ichra zorman...
Gapdon davralardan qochib ketdi til.
Diqqinafas xona, sendan bezorman,
She’r yasab oʻtishga hayo qilar Dil.
Yozganlarim sari ortib borar kam,
Dardlarimni aytsam, nolishga yoʻyma.
Nopok oyoq bilan qoshingga borsam,
Hayda, Adabiyot, ichkari qoʻyma!
2008


Yoʻqlov

Sabogʻi tugamas maktabdir Hayot,
Ba’zida tanaffus — oʻynab-kulgani.
Kecha partalarda Diydor edi shod,
Hamma tarqab ketdi Odam boʻlgani.
Bir kuni yoʻq edik, birda bor edik,
Tinmadi Orzuning xarxashalari.
Jannatda yurganday baxtiyor edik
Bir ota-onaning zumrashalari...
Qancha yorugʻ boʻldi umr — darsxonam,
Bilgan-bilmaganim shundan ham ma’lum.
Muallim — Ruhimni uygʻotgan Onam,
Farzand ajratmagan Otam — Muallim.
Soʻz boʻlib tilidan savoblar uchgan,
Ikki olam aro qismati — e’zoz.
Kim boʻlib borsam ham bagʻrini ochgan,
Keldim. Assalomu alaykum, Ustoz!
2008


* * *
Bu xatolar, achchiq xatolar
Huzuringga ochib berdi yoʻl,
Savollarga duch keldim nuqul,
Yuragimda qadim sadolar.
Qanotlarim kuyib pastladim —
Baland ucha olmas yolgʻizlar,
Mudom yoʻqlik izimni izlar,
Oʻzginamni Senga asradim.
Qoʻlda qolib ketdi duolar —
Nima boʻldi? Nima jin urdi?
Kiprigimga azob in qurdi,
Endi meni dardlar davolar.
Yaxshiyamki, xatolarim bor,
Yoʻqsa, meni suymasmi eding,
Yomgʻirlarga toʻymasmi edim...
Diydor yurti boʻldi tavbazor.
2008


Oʻn Birinchi Oy

Yomgʻir quya boshladi birdan,
Savalaydi billur qamchilar.
Panaroqqa qochgani bilan
Topib olar yoʻlni tomchilar.
Parvo qilmas simyogʻoch xumpar,
Usti-boshi hoʻl boʻlgan jiqqa.
Raqsga tushar oltin yaproqlar
Shitir-shitir — yomgʻirqoʻshiqqa.
Moʻltiraydi bekatlar yupun,
Ma’yus tortar yolgʻiz xiyobon.
Nimanidir eslatish uchun
Gumburlaydi qop-qora osmon.
Gʻildiraklar shoshar qirgʻoqqa,
Daryo boʻlib oqmoqda yoʻllar.
Bu safar ham qizil chiroqqa
Toqat qilmas avtomobillar...
Shu bahona yutmadi zahar —
Yomgʻir yuvib ketdi barini.
Gʻuborlardan zerikkan shahar
Yuvib oldi koʻylaklarini.
2008


* * *
Endi qoʻlga olganda sozim,
Ogʻzim kuydi, sindi ovozim.
Alamiga kuylashim lozim,
Takror-takror imkon soʻrayman.
Oʻz oʻzimga yetadi kuchim,
Hasrat shomga boʻlolmas yechim,
Garchi misli qiyomat ichim,
Xotirjam bir iymon soʻrayman.
Kimning kayfi uchun bu oʻyin —
Magʻlublari oldindan tayin,
Gʻoliblarga undan-da qiyin,
Sotilmagan maydon soʻrayman.
2009