OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBeki Saytaqov
Asar nomiBola baxshi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turkman adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Beki Saytaqov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMasharif Safarov (Turkmanchadan)
Hajm81KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bola baxshi (hikoya)
Beki Saytaqov

Qamishli Quduq

Ot suvning isini olib pishqirdi. Qaychidek quloqlarini dikkaytirdi-da, kallasini oʻngga oʻgirib, jilovini tortqilay boshladi. Yoʻl chekkasidagi qamishzor orqasidan quduq devorlariga urila-urila yuqori tortilayotgan chelakning ovozi eshitildi.

Otliq nozikdan kelgan oʻn sakkiz yashar koʻrkam yigit edi. Uning oyogʻida oq piyma, boshida junlari togʻoradagi suv misoli toʻlqinlanib yotgan qora telpak, egnida oʻziga nihoyatda yarashgan poʻstin bor edi. U olis safarga otlangan jangchi qurolini yelkasiga osgan kabi dutorini yelkasiga tashlab olgan edi. Yigitni bir koʻrgan odamning uni yana koʻrgisi kelardi. Yuqorida aytib oʻtilganidek, yigit hushroʻy yuzli, kelishgangina edi. Qirra burun, lablari yupqa ham nihoyatda bejirim. Koʻrkam yuzi doim kulimsirab turganga oʻxshardi. Yugan tutgan barmoqlari uzun-uzun va chiroyli edi. Bu yigitcha, oʻzining endigina oʻn sakkiz yoshga toʻlgan boʻlishiga qaramay, ahli Xorazm orasida Bola baxshi deb nom taratib ulgurgan edi. Uning asl ismini bilgan odamlar barmoq bilan sanarli edi. Bola baxshi oʻn yoshidan boshlab Xidir baxshining etagidan tutdi. Qoʻshiq va soz san’ati hamda suhbatini oʻzida kamarbasta qilgan keksa Xidir baxshi hech nimaga e’tibor bermaydigan inson edi. U qoʻshiq, soz va san’atdan boshqa kasb, oʻzidan boʻlak baxshi bor degan fikrni xayoliga ham keltirmasdi.

Keksa baxshi bir kuni keng turkman qumtepalari, sahrolari orasidan chorlangan toʻyga ketayotib, ot ustida shunday fikrga keldi: «Oʻlchab berilgan umrning koʻpi ketib ozi qoldi. Men ham bir kuni bu dunyodan oʻtarman. Lekin men oʻzimdagi qoʻl yetmas noyob san’atni kimga qoldirib ketishim kerak? Uni men faqat Bola baxshiga qoldirishim kerak. Bu bola juda ixlosli oʻsmirga oʻxshaydi. Qoʻli chaqqon, ovozi ham yoqimli. Balki bir necha yillardan soʻng «Suvora»ni aytganda, eshitganlar unga: «Xidir baxshining xuddi oʻzi boʻlib ayt!» deb xohish etarlar. Bu ham menga qoʻl yetmas haykal, yodgorlik boʻlar. U mening foniy dunyoda qoldirib ketgan izim boʻlar...»

Shu kundan boshlab, Xidir baxshi Bola baxshiga butun e’tiborini bera boshladi. Bola baxshi oʻn beshga chiqqanda, kun botgandan kechaning yarmigacha qoʻshiq aytadigan boʻldi. Uning yonboshida togʻning bir boʻlagi kabi boʻlib, ichidan xirgoyi qilib oʻtirgan Xidir baxshi avvallari uning dutorini sozlashda, qoʻshiqlarning ayrim baytlarini esga olishga yordam berardi. Avjga chiqqan joylarda sasini mayin qilib, Bola baxshiga joʻr boʻlardi. Biroq yosh oʻgʻlonning ixlosiga, uquviga, kun-kundan kamolotga yetib borayotganiga qarab boshi osmonga yetardi. Xidir baxshi vafotidan ikki kun oldin Bola baxshini huzuriga chaqirdi.
— Oʻgʻlim, mening kunim bitganga oʻxshaydi. Oʻgʻil oʻrnida oʻgʻil, qiz oʻrnida qizim bor. Lekin barcha hunarimni sen olib qolyapsan. Xudoyim, peshonang oq boʻlsin, yoʻling ochiq boʻlsin. Omin... Mana... oʻgʻlim, shunday qilib senga oq fotiha berdim. Ammo bir topshirigʻim bor. Puldor, boy kishining uyida yaxshi aytib, kambagʻal, gʻaribnikida koʻngilsiz ashula aytma. Qaytanga, agar oʻngʻara olsang, teskarisini qil. Qolgan kam-koʻst joylarini gʻijjakchi tuzatadi. Uning odamlar bilan doimo qoʻrs muomalada boʻlib, hech narsadan koʻngli toʻlmay yurganiga e’tibor berma. U oʻz hunarining ustasi, oʻzi yomon odam emas.

Ana shu voqeadan keyin bir necha yil oʻtdi. Ustozi vafotidan soʻng el orasida qoʻshiq aytishdan Bola baxshi tortinib yurdi. Biroq ustozining xotirasiga, ruhlarining shod boʻlishi uchun qoʻshiqni maromi va me’yoriga yetkazib aytish kerak degan niyatni koʻngliga tugdi. Hech qayerdan yordam kelmasligiga amin boʻlib, bor kuchini beliga, qoʻliga va ovoziga berdi. Uni olib ham chiqdi. Endilikda uning tovushiga, soz chalishiga, oʻz kasbining ustasi ekanligiga shak keltiradigan odam qolmadi, hisob.

Baxshilar, xususan, el sevgan qoʻshiqchi baxshilar oʻz uylariga mehmon singari kelib ketadilar. Ularning butun vaqti el orasida oʻtadi. Bola baxshi bundan toʻrt kun burun uzoqdagi qishloqlarning biriga olib ketilgan edi. Hozir esa u oʻsha joydan qaytib kelayotgandi.

Otning betoqatlanayotganini koʻrib, Bola baxshi jilovni tortdi-da, orqasiga oʻgirildi.
— Yoshulli, otlar suvsiraganga oʻxshaydi. Keyin, yoʻlimiz ham uzoq. Keling, otlarni sugʻoraylik-da, ichgan suvlarini boʻyinlariga chiqmas qilib, choptirib ketaylik.

Orqadan kelayotgan otliq oltmish yoshdan oshgan, rapida yuzli, choʻqqi soqol, novcha kishi boʻlib, u hozir yoʻrgʻa otning ustida xuddi tikka turib kelayotgan chavandozga oʻxshar edi. U odam gʻijjakchi edi.

Uning tovushi yoʻgʻon va xirillab chiqdi:
— Mayli, oʻgʻlim, unday boʻlsa quduqqa yura qol.

Besh-oʻn qadam yurishgandan keying oʻng tomondagi qamishzor tugab, Bola baxshi otining jilovini oldlaridagi quduqqa tomon burdi. Otning yurishi tezlashdi. Suvliqni tortqilay boshladi. Bola baxshi to quduqning boshiga kelguncha oti bilan ovora boʻlib, tevarak-atrofiga qaramadi. Ot tumshugʻining yarmini suvga toʻla novaga bosishi bilan otdan tushdi. Shundan keyingina quduqning boshiga nazar tashladi. Uning koʻzlari qamashib ketdi. Koʻziga bir narsa oʻn boʻlib koʻrindi. U koʻzlarini ochib-yumib, yana oʻsha tomonga diqqat bilan qaradi. Bu safar Bola baxshining koʻziga quduqning boshida qizil gullardan yasalgan guldasta koʻrindi. «Bu nima boʻldi ekan-a? Qishning oʻrtasida ham guldasta boʻlar ekan-da!» Soʻng choʻntagidan dastroʻmolchasini olib, yuz-koʻzlarini artdi. Shundan soʻng boyagi guldasta uzun boʻyli, chiroyli bir qizga aylandi-qoldi.

Bola baxshining ogʻzi ochilib qoldi. Oʻn yasharligidan boshlab uning bormagan qishlogʻi, koʻrmagan odami yoʻq edi, desa mubolagʻa boʻlmas. Ammo u koʻrib turgan parivashga hech qachon duch kelmagan edi. Koʻrgan, eshitgan goʻzalliklarning bir joyga jamlangan nuqtasining ustidan hech mahal chiqmagan edi. «Ofarin, senga!» deb, Bola baxshi qoʻlini belbogʻiga tiqdi. Qiz esa unga qiya boqib, barmogʻini tishladi. Uning taqimiga tushib turgan yoʻgʻon, uzun sochlari boshi engashgan tomonga toʻlqin kabi tushib ketdi. Ustidagi koʻk movutdan bezak berib tikilgan toʻni Bola baxshining koʻziga har xil rangda jilvalanib koʻrindi. Bola baxshi boshidanoq ojizlik qildi. Qizga tikka qarab, koʻzdan kechira olmadi. Lekin bir muddat vaqt oʻtgach, voqeani butunlay oʻzgartirib yuborgan bir hodisa yuz berdi. Baxshi qizning ham yer ostidan uni kuzatayotganini payqab qoldi. Qizning shahlo koʻzlarining tikilishlari baxshining yuragidan oʻq boʻlib oʻtdi. Uning chala yarim harakatlangan kipriklari, qalin qora qoshlari Bola baxshiga qarab hujum qilganday tuyuldi. Asli yigitga dalda boʻlgan narsalar ham shu boʻldi. U bor kuchini bir joyga jamlab, qizga boshqatdan qaradi. Qiz ustini qor bosib yotgan maydondagi quduq boshida koʻkarib turgan bir tup atirgulga oʻxshardi.

Yigit nima boʻlsa-da, bir narsa deyishi kerak edi. Gap-soʻzsiz quduq boshida jim turish noqulay edi. U novni koʻzdan kechirar ekan:
— Hoy chelagingni bersang otlarni sugʻorar edik. Novni boʻshatishibdi, — dedi.

Qiz bir kulimsiradi-da, oldidagi toʻla chelakni yigitga tomon surib:
— Oling, keragingiz chelak boʻlsin... — dedi.

Bola baxshi chelakni qanday qilib olganini, uning suvini novga qanday qilib toʻkkanini ham bilmadi. Ammo bir damda novni suvga toʻldirdi. Keyin chelakni ham toʻldirib, qizning oldiga qoʻydi.

Qiz kuldi:
— Oʻzim toʻldirardim. Ozorga qoʻydim sizni, — dedi.

Bu soʻzning ohangi yigitning eng nozik tomirlarigacha yetib, uni bir xil koʻyga solib qoʻydi. Ushbu soʻzlar pistasimon lablarning orasidan mehrga yoʻgʻrilib chiqdi. Agar yigit umri yetgancha shu soʻzlarni oʻsha ohangda tinglab oʻtkazishi kerak boʻlsa, unga rozi boʻlardi. Biroq barcha narsaning boshi va oxiri boʻlgani singari, bu ajoyib daqiqalarning ham intihosi keldi. Kunchiqardagi, atrofi baland daraxtlar bilan oʻralgan uyning oldida tashvishli harakat boshlandi. Qiz uni koʻrib, lablarini bir tishladi-da, chelagini koʻtarib, oʻsha uy tomon ketdi. U ogʻir qadamlar tashlar ekan, bir narsasini yoʻqotganday orqasiga oʻgirilib, yana bir marta Bola baxshiga qaradi. Bola baxshi ham undan koʻzini uzolmay, uzoq vaqt uning izidan qarab qoldi. Soʻngra otiga mindi. Gʻijjakchi ham ashula va musiqaning piri Oshiq Oydin kabi uning izidan tushdi.

Bola baxshi ancha vaqtgacha oʻziga kela olmadi. Uning aqli-hushi, yuragi, butun vujudi chelakli qizning iziga tushib ketgan edi. «Uning boqishlari! Bu qizning noz-karashmasi dengiz suvi singari behisob boʻlishi kerak. Shu nozlar, oʻsha nazarlar kimga nasib qilar ekan?! Qaysi baxtli inson shu nozu nazarlarning egasi boʻlarkan? Hoy, peshonasi shoʻr!» deb yigit manglayiga bir shapatiladi-da, egarga qiyshiq oʻtirib, orqasiga oʻgirildi:
— Oqsoqol, boyagi qiz kimning farzandi boʻlishi mumkin? Men-ku, tanimadim, balki siz bilarsiz?

Gʻijjakchi goʻyo birov eshitib qolmasin deganday ehtiyotlik bilan ikki tomoniga qarab oldi va sekingina dedi:
— Boyagi qiz, hov anovi daraxtzor bilan oʻralgan uy egasi Qudratilla boyning qizi boʻlishi kerak. Qudratilla boy degani shunday bir insofsiz odamki, qoʻlidan kelsa, el ustiga tushib turgan xudoning nurini ham tushirmasam deydi. Odam oʻldirish, yoʻqotish ularga pashsha, chivin oʻldirish va yoʻqotishday gap. Oʻgʻillari talonchilik, bosqinchilik bilan shugʻullanishadi. Qum ichida qanchadan-qancha karvonlarni talashmagan ular. Xullas, oʻgʻlim, dushmaning shular boʻlmasin! Hozirgi qiz uning yolgʻiz qizi. Otini Tursunoy deydilar. Uni, eshitishimcha, yaqin orada erga berishmoqchi. Katta toʻy boʻlishi kutilyapti. Baxshisi ham sen boʻlasan. Anchadan beri yurt ichida shunday gurung bor...

Bu xabar Bola baxshini gʻam botqogʻiga botirdi. Uning chiroyli, bejirim peshonasi egarning qoshiga tegay-tegay deb ketardi. «Men ham, u qiz ham bir-birimizni tanimaymiz. Lekin qarashlarining ma’nosi boshqacha edi. U ich-ichidan va mehr bilan menga boqdi. Men bu qarashlardan «Men senikiman» degan ma’noni angladim. Bu nazarlarning boshqacha ma’nosi boʻlishi mumkin emas. Eh, uning bilan yana bir marta uchrashib boʻlsa edi».

Bola baxshi yana orqasiga qayrildi:
— Yoshulli, qiz haddan tashqari goʻzal ekan. U ojiza kimga nasib qilar ekan-a?! Yoki «qovunning shirinini chiyaboʻri yeydi» deganlariday boʻlarmikin?

Gʻijjakchi oʻgʻlonning bu soʻzlaridan koʻp ma’no chiqardi. Yigitning yuragidagi sirlarini qur’on oyatlarini oʻqiganday oʻqidi. Bu masalada oʻzining eng mehribon odamiga hech qanday yordam qilolmasligiga keksa gʻijjakchi juda achindi. Boshini ogʻir chayqab:
— Bu shirin qovunni yeydigan odam chiyaboʻridan ham iflos, — dedi.

Baxshi koʻksiga xanjar urilganday, tezlik bilan boshini suhbatdoshiga tomon burdi:
— Kim u?

Keksa gʻijjakchi ogʻir oʻyga toldi. «Men baxshining joʻshib turgan koʻnglini hozir bosib tashlashim kerak. Boʻlmasa undan qarashilmagan har narsani kutish mumkin. Qudratilla bilan tortishgan oʻzing boʻlma, ey xudoyim...»
— Tursunoyni olmoqchi boʻlgan odam Qudratillaboydan past odam emas. U ham kalla kesishni ish hisoblamaydigan razil, ablah kishi. Oʻgʻlim, xudo degin. Senga ham atalgani bordir. Xudoning peshonangga yozganidan qutulib boʻlmas. Shukur qil.

Bola baxshi gʻijjakchining soʻzlariga yaxshi-yomon hech qanday javob bermadi. «Qiz meni tanigan boʻlishi kerak. Boʻlmasa bunday nazar bilan boqmasdi. Nima boʻlsa boʻldi deb, otli-yarogʻli uning izidan tushsammikin? Otimga mingashtirib, Axalga yoki Eron-Afgʻoniston tomonlarga bosh olib ketsammikin?! Ashula aytib oyogʻimga yiqsam, bor erk-huquqini qoʻlimga olsam, men oʻylaganlarimdan qaytmasdim. Lekin qizning yuragidagini bilib boʻlmaydi. Balki bu qiz meni mazaxlash uchun bugun koʻngil torimni chertib koʻrgan¬dir? Balki chini bilan shundaydir. Yana kim biladi? Bularni yolgʻiz xudodan boshqa biladigan yoʻq. U ham qoʻl yetmas baland joyda. Unga arzing, ohu nolang yetib borishi gumon. Qani, koʻraylik-chi? Oxiri nima bilan tamom boʻlar ekan?..»

Bola baxshi uylariga kelganda, besh-olti kundan beri oʻzining kelishiga qarab oʻtirgan turli odamlarni koʻrdi. Ularning biri Qoʻpettogʻdan, yana biri Koʻhna Urganchdan, boshqa birlari Qizilcha qal’a, Koʻktepa, Axal, Seraxs kabi uzoq manzillardan kelgan kishilar edi. Ular Bola baxshining oʻz toʻylarida ashula, doston aytishlarini istab kelgan edilar. Bola baxshining esa oʻy-fikrlari toʻy-tomoshada emas edi.

Qiz Yuragining Bayoni

Uzun boʻyli, peshonasi keng, dumaloq oq yuzli Tursunoy Bola baxshining otini quduqqa tomon burganidayoq tanidi. Qiz uni qishloqlarida boʻlgan toʻylarda ashula aytganida bir necha bor koʻrgan edi. Tengdosh dugonalari bilan qorongʻi joyda oʻtirib, erkak kishilarga koʻrinmay, Bola baxshi aytgan ashulalarni tinglagandi. Tursunoy uni ilk bor koʻrgan va ashulasini eshitgan vaqtdan boshlab oʻz yuragiga joylagan edi. Yuragiga kashtalab tikkan u surat vaqt oʻtishi bilan unniqmay, balki uning ranglari yanada tiniqlashgan va oʻtkirlashgan edi. Unga goʻyo kun-kundan jon kirayotganga oʻxshardi.

Tursunoy ruhi baland, shoirtabiat bir qiz edi. U otasi koʻzining oqu qorasi edi. Uning oʻzidan katta uchta akasi bor edi. Shu tufayli ham u katta uyning erkatoyi edi. Uning aytgani aytgan, degani degan edi. Uyda hech kim, hech vaqt Tursunoyning ra’yini qaytargan emas. Qizning oʻzi ham qizlik chegarasidan chiqqan emasdi. Shu sababli ham xonadon sohiblari undan xotirjam edilar.

Uning boshqa qishloq qizlaridan goʻzallikda, soʻzamollikda, odamiylikda qanday farq qilishini kishi bir qarashda bilishi qiyin edi. Biroq u oʻz dugonalariga hech ham oʻxshamasdi. Uning qilgan ishlari, aytgan soʻzlari, dugonalariga bergan maslahatlari ham oʻziga yarashardi va hamisha toʻgʻri boʻlib chiqardi. U shoira ham edi. Koʻp alla qoʻshiqlarini oʻzi ijod qilib, oʻzi ijro etgan. Ularni kuylaganda dugonalari sehrlanib qolardi. Ashula eshitish, doston tinglash uning eng yaxshi koʻrgan orzusi edi. Bu istak Tursunoyda Bola baxshini ilk marotaba tinglagan kundan boshlab yana ham avj olgandi. Oʻsha kechasi Tursunoy doston boshlagunga qadar Bola baxshini yaxshilab kuzatdi. Oʻrta yerda, baland uyulib yonayotgan olov boshida oydan boʻlinib tushganday oʻtirgan bu kelishgan yigit shoirona koʻngilli qizning aql-hushini olgandi. Bola baxshining dutor ustida oʻynagan barmoqlari uzun va chiroyli edi. Junlari suv kabi toʻlqinlanib turgan qora telpagi bu yigitni ertaklar olamidan chiqib kelganga oʻxshatardi. Uning qoʻshiq aytishi qizni butunlay asir qildi. Qiz ham ashula eshitardi, ham keksalarning suhbatlariga quloq solardi: «Xidir baxshidan ham oʻzibdi». «Ha-da, shogird ustasidan oʻzmasa, hunar yoʻqolar emish deyishar edi, bu rost gap ekan»...

Vaqt boʻldi. Bola baxshi odamlarga qarab, dedi:
— Yurtdoshlarim, qaysi dostonni aytay?
— Oʻzingga ma’qulini ayt, baxshi!
— Menga farqi yoʻq.
— Unda Goʻroʻgʻlining Xirmon dalisini ayt!
— Mana senga Xirmon dali! — deb Bola baxshi doston aytishni boshladi.

Tun yarmidan oʻtib, doston oʻrtalariga yetganda qizning yuragida avvalo noma’lum, soʻng aniq bir tuygʻu paydo boʻldi. Qiz bu ajoyib yigitga, shirali, baland ovozli, tengi boʻlmagan Bola baxshiga oshiq boʻldi. Endi u yangi dunyoning eshigini ochgan zaifaga oʻxshardi. Qizning oyoq olishi yengillashdi. Har tarafidan bahaybat qanotlar oʻsib chiqqanday boʻldi. U shu darajaga yetdiki, hatto Bola baxshini Xirmon dalidan ham qizgʻana boshladi. Bu tuygʻuning qayerdan kelganiga, qanday yoʻl bilan yuragini egallab olganiga qizning oʻzi ham tushunolmay qoldi. Keyinroq u buning sababini qidirib, oxiriga yetishni ham istamadi. Chunki endi bu oʻylar ortiqcha edi. Qiz oshiq edi. Bu tuygʻuni oʻtkir bir tigʻ bilan ham ajratib tashlash mumkin emasdi. Qiz taqdirga tan berdi.

Oʻsha kechadan buyon yarim yildan ortiqroq vaqt oʻtdi. Bu tuygʻu shu vaqtlar ichida bahor daryosi singari qirgʻogʻiga ulkan toʻlqinlar kabi urildi. Bu toʻlqinlar borgan sari kuchaydi. Qiz oʻtirishga joy topolmay, oʻz yogʻiga oʻzi qovurilardi. Bola baxshi shundan keyin ham bu qishloqda ikki marta ashula aytdi. Ularning ikkalasiga ham Tursunoy qatnashdi. Xilvatroq joyda oʻtirib dugonalari bilan ashula, doston eshitdi. Keyingi safar uylariga qaytib borayotganlarida tengdoshlari unga: «Sen juda ma’yus boʻlib qoldingmi?» deyishdi. Qiz ularga «Hech ham», — deb javob berdi, xolos. Ammo oʻsha vaqtda uning ichini it tirnar edi. Uning ahvoli parishon edi. «U hamma narsadan bexabar, axir. Mening ahvolimdan uning xabari yoʻq. Bilganida ham uning qoʻlidan nima kelardi? Men boshqa odamning quchogʻiga kirmayman. Uning bilan ahvolimiz shunday boʻlsa...» Tursunoy shunday deb, kalavaning uchuni butunlay yoʻqotdi. Qiz oʻzi tushgan oʻpqondan chiqadigan ilinj izlardi. Eng kichik ilinjlar ham undan qochardi.

Mana, hamma narsaning ustiga-ustak bugungi uchrashuv. Avvalo qiz bu uchrashuvni yaxshilikka yoʻydi. U quduqning boshiga kelgan zahoti oʻzicha: «Eh, shu payt Bola baxshi otini sugʻorishga kelsa edi. Men uning siyratini koʻrib, dardimni ozgina boʻlsa-da, yengillatar edim. Balki ozroq boʻlsa ham soʻzlasharmidik. Bir oʻzi boʻlsa men unga oʻz koʻnglimni ocharmidim», deb xayol qildi. Bu uchrashuvning qanday oʻtganini muhtaram oʻquvchilarimiz yuqorida bilib olishganlar.

Tursunoy chelagidagi suvlarini toʻkib-sochib, uyga olib kirdi. Uyning toʻrida ikki yildan buyon toʻshakdan turmay yotgan onasi:
— Toʻpolonlaring nimasi, qizim? Jin urdimi, seni? — dedi inqillab.

Ichi yonib, yuragi hapriqqan Tursunoy qaynab-toshgan qahr-gʻazabini bosib javob berdi:
— Onajon, kunduz kuni jin boʻladimi? Quduqning boshiga borsang, yoʻlovchidan koʻpi yoʻq. Barchasi otini sugʻorish uchun chelak soʻraydi. Ularning otlari suvga qonguncha sovqotib turishga majbursan.

Umrining koʻpi ketib, ozi qolgan keksa ayol u dunyoni eslab, qiziga deydi:
— Qizim, ayb boʻladi. Bunday dema. Yoʻlovchiga suv bermoq – savob.

Tursunoy eshikka tomon yoʻnaldi. Lekin birdan hurkkan jayron singari toʻxtadi.
— Ona, menga boshqa ishingiz boʻlmasa, yangamning yoniga boraman.
— Boraqol, qizim.

Tursunoy oʻrtancha akasining xotini Oqqiz bilan sirdosh dugona edi. Ular oʻrtalaridagi hech narsani yashirishmas edilar. Ikkalasi ham deyarli tengdosh edi. Tursunoy kelganida yangasi kashta tikib oʻtirgandi. U darrov ishini bir chekkaga qoʻydi-da, oʻrnidan turib qayinsinglisini qarshi oldi. Oqqiz turmushga chiqqandan keyin yanada ochilib, goʻzallasha boshlagan yosh kelin edi. Tursunoy oldinlari kelganida yangasining qaddi-qomatiga havas bilan qarab, uni maqtar edi. Lekin bu safar uning koʻziga hech narsa koʻrinmadi. U ichkariga kira solib, shahlo koʻzlaridan duv-duv yosh toʻkib, Oqqizni quchoqlab oldi. Oqqiz qoʻrqib ketdi. Qizni bagʻriga bosib, uning boshini siladi.
— Voy, jonim, nima boʻldi senga! Seni kim xafa qildi?

Tursunoy bir muddat gapirishga holi kelmadi. Chuqur xoʻrsinar ekan, dardi bir oz pasaygandan keyin, shunday dedi:
— U qishlogʻiga oʻtib ketdi.

Oqqiz ikki qoʻli bilan Tursunoyning yanoqlarini ushlab, uni oʻziga qaratib dedi:
— Kim oʻtib ketdi? Qanaqa qishloqqa ketdi? Men hech narsaga tushunolmayapman.

Tursunoy uyqudan turganday boʻlib, koʻzlarini katta ochdi. Hovliqib ketdi. Birdaniga qizargan yuzi oldingi koʻrinishga qaytdi.
— Voy, yangajon, men sizga hech nima demadimmi?..

Oqqizning esa nima voqea boʻlganini bilgisi kelardi.
— Yoʻq, jonim, darrov ayt. Mening yuragim yorilay deyapti. Senga nima boʻldi? Balki mening yordamim kerakdir?

Tursunoy barmogʻini tishlab, bir necha soniya jimgina yerga qarab turdi. Barcha boʻlib oʻtgan voqealarni boshidan oxirigacha koʻz oldiga keltirdi-da, tovusday tovlanib, yangasi bilan gilam ustiga oʻtirdi. Yana bir muddat jim qoldi. Shundan keyin sovuqqonlik bilan hammasini yangasiga gapirib berdi. Oqqizning ustiga sovuq suv quyilganday boʻldi.
— E, voy! Baxtim qaytdi, mening! Hoy, shunaqasi ham boʻladimi? Ota-onang, akalaring bunga aslo rozi boʻlishmaydi. Ular bilsalar janjalning kattasi koʻtariladi. Buning tagidan qonning isi kelyapti, jonim!

Tursunoy chiroyli mushtlarini tosh singari tugib, gʻazab bilan qoshlarini kerib, dedi:
— Menga ularning roziligi ham, janjallari ham kerak emas. Menga Bola baxshi kerak. Siz menga qanday yordam berishingiz mumkin? Hech boʻlmasa mening fikrimni Bola baxshiga yetkaza olishga va’da berolasizmi? Yangajon, mening sizdan boshqa jonimni ishongan odamim yoʻq. Shuni yaxshilab bilib oling. Yonib turgan yuragimni oʻz qoʻlingiz bilan ezmang.

Oqqiz Tursunoy uchun shu paytda qoʻlidan kelsa kuchini ham, jonini ham ayamas edi. Uning ishini bitirib berolsa, quruqlikning tamom boʻlgan yerigacha hatto piyoda borishgacha rozi edi. Ammo...
— Men sening ahvolingga tushunaman, jonim. Senday boshiga ish tushgan qizlar hayotda boʻlgan. Biroq sen kimning, qanday odamning qizi ekanligingni unutma. Akalaringning kimligini esingdan chiqarma. Uni ham, seni ham ular domlariga tortarlar. Qadim zamonlarda ham oshiq-ma’shuqlarga yengilroq jazolar berilganligini bilasan. Esingdami, Tohirni sandiqqa solib, daryoga tashlashgan. Hozir oʻzing koʻryapsan, bunday ishlarga bosh ogʻritib oʻtirishmaydi. Borishadi-da, paq etib otib, orqalariga qayta qolishadi. Sen ana shularni esingdan chiqarma. Undan tashqari erta-indin toʻying boʻladigan. Hozir sening bu kayfiyatingni bilsalar, seni ham, uni ham darhol yoʻqotishadi. Yaxshisi, sen boradigan eringga turmushga chiqqin-da, Bola baxshini koʻnglingga tumor qilib osib ol. Shunday qilib yurganlar ham oz emas, dunyoda, — deb Oqqiz pastki lablarini tishlab, chekkaga qaradi. Bir narsalar yodiga tushib, uning bejirim koʻzlari yoshga toʻldi.
— Yangajon, koʻryapman, sizning menga koʻmagingiz yetmaydiganga oʻxshaydi.

Oqqiz keskin javob berdi:
— Yoʻq, azizam, bu fikringni boshingdan butunlay chiqar. Peshonangga yozilganiga rozi boʻl. Men sening tanangga tigʻ tegishini xohlamayman.

Tursunoy umidlarining yarmi uzildi. Boltasining tigʻi toshga tegdi. Boshini quyi solib, yangasining yonidan chiqar ekan, oʻylay boshladi. «Aytganlarining hammasi toʻgʻri. Barchasi oydin. Boshqa yoʻl topish kerak. Boshqa yoʻlni izlashim lozim. Umidni qoʻldan bermasligim darkor. Men boshqa yoʻlni, albatta, topaman.»

Tuni bilan qizning koʻziga uyqu kelmadi. «Eh, uni bugun koʻrmagan boʻlsam, shunchalik yonmas edim. Dardim hozirgisidan yengilroq boʻlardi. Endi men nima qilishim kerak? Qayerga borishim, kimdan yordam olishim mumkin? Eng zoʻr tirgagim yangam edi. U bechora ham oʻz ahvolini aytdi. Uning deganlari toʻgʻri. Boshqa yoʻl boʻlmasa, hozirgi yoʻl bilan maqsadimga yetishim qiyin...»

Yonboshida yotgan semiz onasi atrofni larzaga solib xurrak otardi. Ba’zan dardiga chiday olmay ingranib qoʻyardi. Uni koʻrib Tursunoyning jahli chiqardi: «Hoy, shunday ahvolda ham xurrak tortib uxlaydimi, kishi? Hoy, shu ahvolda ham koʻzga uyqu kelar ekan-a?» Yosh, joʻsh urib turgan koʻngilning hammani oʻz holatida boʻlishi kerak, deb oʻylashi tushunarli edi.

Qiz kechani uyqusiz oʻtkazdi. Erta bilan turdi-da, chelagini koʻtarib, yana qamishzor etagidagi quduqqa tomon ketdi. Tunda qor yogʻmagan edi. Shu sababli Bola baxshining quduq atrofidagi yurgan izlari aniq, oq qogʻozga chizilgan suratday koʻrinib turardi. Qiz oldin u izlarni sanab chiqdi. Bola baxshining otga minayotganda oʻng oyogʻining uchigacha bosilib qolgan izlari ham yaqqol koʻrinib turardi. Shahloning koʻzlari yoshga toʻldi. Badanlari qandaydir, yoqimli titrab ketdi. Shundan soʻng qoʻrqinchli xoʻrlik bahaybat toʻqmoqday zalvori bilan qizning ustidan bosdi. U Bola baxshi ketgan tomonga, uning qishlogʻi tarafga yuzini oʻgirdi. Qizning ahvoli shundan keyin yana ham ogʻirlashdi. Birdaniga chelagini quduqning boshiga aylantirib urib, kunbotarga qarab qochib ketgisi keldi. Keyin yerga qoʻngan lochinday pastga egilib, baxshining bosgan izlarining biriga toʻrt barmogʻini tekkizib, birpas turdi, soʻng toʻrt barmogʻini peshonasiga surtdi. Barmoq uchlaridagi sovuqlik uni sal oʻziga keltirdi. Shu payt yonboshidan oyoq tovushi eshitildi, qorning gʻarch-gʻurch bosilganini tuydi. Bola baxshi paydo boʻldimikin, degan umid bilan uyqusizlikdan qizargan koʻzlarini tovush kelgan tomonga tikdi. Ustiga engashgan holda qoʻlida chelak ushlab turgan Oqqizni koʻrdi. Tursunoy goʻyo yerning millionlarcha sirlaridan birini ochgan kabi tiniq va xotirjam ovozi bilan Oqqizga dedi:
— Mana, yangajon, uning bosgan izlari. Ha, kecha uning oʻzi shu yerda edi. Bugun uning faqat izi bor. Bu dardga men qanday chiday, yangajon, qanday chiday?

Oqqizning ilk bor dami ichiga tushdi. Hovliqqani uchun zoʻrgʻa oʻziga keldi. Qizning qor ustidagi holatini koʻrib, Oqqiz qayinsinglisini aqlidan ozdimikin, deb taxmin qildi. Oqqizni nihoyatda qoʻrqitgan holat uning yuqoridagi soʻzlarni aytgandagi ovozi edi. Sababi bu tovush Tursunoyning oʻsha holatdagi tovushiga mutlaqo oʻxshamasdi. Bu tovush Oqqizning fikriga koʻra, ohu figʻoni va nochor ohangda boʻlishi kerak edi. Aksincha, tovush nihoyatda tiniq va ishonchli ohangda jaranglagan edi.
— Jonim, bu qanaqa oʻtirish? — deb Oqqiz uning bilagidan ushlab, yuqori koʻtardi.
— Men uning bosgan izlarini kuzatdim, — deb Tursunoy yana nazarini kunbotarga qaratdi. — Yangajon, men kechasi bilan oʻylab chiqdim. Bu qiyin ahvoldan chiqadigan ilinj koʻzladim. Lekin topgan narsam, olgan qal’am yoʻq. Ammo men yoʻlini topaman. Yangajon, yoʻlini topmasa boʻlmaydi...
— Azizam, oʻladigan tulki uyasiga qarab uvillar ekan. Hozirgi harakatlaring oʻshanga oʻxshaydi. Sen bu ketishingda koʻngilsiz bir baloning ustidan chiqadiganga oʻxshaysan... Men sening qoʻlingga tikan kirishiga ham rozi emasman, axir...

Oqqizning bu soʻzlari qanchalik toʻgʻriligini bilsa-da, qizga bu soʻzlar ma’qul boʻlmadi.
— Yanga, bu yerda tulki, chiyaboʻri degan soʻzlarning nima keragi bor? U soʻzlar sevgi soʻzining martabasini pastga tushiradi.
— Jonim, gunohimni oʻzing kechir. Mavridi keldi, deb aytdim-qoʻydim-da. Baribir bu maqsadingdan voz kech, azizim. Uyni qonga bulgʻama. Oʻzingni xor etmagin.

Tursunoy shundan keyin yangasiga hech nima demadi. Bola baxshi bosgan izlarning biri yoniga bordi, pastga engashib, undan bir chimdim qor oldi va manglayiga surtdi. Uning ketgan yoʻnalishiga qarab chiroyli lablarini biroz qimtib, ichidan bir narsalar deb shivirladi. Keyin yuzini kunbotardan olmay:
— Bola baxshi, bilib qoʻy, oʻlsam yernikiman, tirik boʻlsam faqat senikiman... – deb, chelagini suvga toʻldirdi va uylari tomon joʻnadi. Oqqiz ham uning iziga tushdi. Ikkalasi bir ogʻiz soʻzlashmay, uyga kirib borishdi. Shu kundan boshlab, Tursunoy hech kim bilan gaplashmay qoʻydi, hatto Oqqiz bilan ham gaplashishni toʻxtatdi. Qiz oʻsha damdan boshlab quduq boshida ichgan qasamini bajarishga kirishdi.

Oʻn besh kun vaqt oʻtdi. Bu kunlar Tursunoy uchun oʻt bilan olovga qorishib oʻtdi. Ammo bu vaqt ichida hech qanday voqea sodir boʻlmadi. Agar kunbotarning koʻz ilgʻaydigan qismi oq qogʻoz, Tursunoyning nazari oʻq boʻlgan boʻlsa, unda koʻz ilgʻaydigan qismda butun joy qolmagan edi.

Oʻn oltinchi kuni oftob oʻz nurlarini socha-socha botishga yaqinlashib qolgandi. Shu payt kunbotardan oq eshak mingan, katta telpakli, yonboshi suvqovoqli bir qalandar koʻrindi. Uning kelishi juda gʻalati edi. Yoʻlning ikki tomonidagi uylarning hech biriga qayrilmay toʻgʻri Qudratilla boynikiga qarab kelardi. Uyning oldiga chiqib, oʻsha tomonga tikilib turgan Tursunoyning yuragi shigʻ etib ketdi. Bu qalandar goʻyo qiz tarafga kelayotganday tuyuldi. Qalandar ham kelib, uyning oldida eshagini toʻxtatdi.
— Yo, haq, balo daf! — deb eshagidan yerga tushdi. Qizning yuziga diqqat bilan tikildi.

Yigit Yuragining Bayoni

Qamishzor etagidagi quduq boshida Bola baxshining yuragiga sanchilgan oʻqning yarasi vaqt oʻtishi bilan bitib ketishi kerak edi. Ammo bunday boʻlmadi. Yaraning dardi ortdi, ta’rifi kengaydi. Bola baxshini oʻtdan olib, suvga tashladi. «Odam nima uchun shunday yaratilgan ekan-a? Bir tomonga ogʻilsa yoki bir tomonga yiqilsa, uni darrov hal qilsa boʻladi. Aks holda bu yerda oʻziga xos hech nima boʻlgani ham yoʻq. U menga mehr bilan qaradi. Men ham shunday qildim. Bu narsa «Assalomu alaykum, vaalaykum assalom» deyilganday, birpasdan keyin esdan chiqib ketishi kerak edi. Lekin u qarashlar koʻz oʻngimdan hanuz ketmayapti?».

Yoʻrgʻa otning ustidagi pahlavon kelbatli gʻijjakchi koʻp yillardan buyon birga ishlashib yurgan yosh doʻstining ahvolini sezib kelardi. Shu quduqning boshiga yetgunlariga qadar Bola baxshi butun yoʻl davomida oʻynab-kulib, hazil-huzul soʻzlarini aytib kelayotgan edi. Oʻzi ham kulardi, Oshiq Oydin pir kabi salobatli gʻijjakchini-da, kuldirardi. Lekin otlar sugʻorilib, yoʻlga tushganlaridan boshlab Bola baxshining tili tutildi. U quduqning boshidan koʻzgʻalishi bilan gʻijjakchidan oʻzining savollariga javob olgach, ogʻziga mum tishlaganday jim qoldi. Koʻpni koʻrgan gʻijjakchi Bola baxshini bu yoʻldan qaytarishni yuragiga tugib, taqdirga tan berganicha yoʻlida davom etib kelardi.

Ular yoʻl yurib, yoʻl yursa-da, moʻl yurib, qishloqlariga yetdilar. Bola baxshi yoʻlning boʻlingan joyida otining boshini tortdi. Gʻijjakchi oʻzi bilan tenglashgach, unga dedi:
— Baxshi ogʻa, uyga boraylik. Non yeb, choy ichib, soʻng qaytarsiz. Yoʻlda ancha charchadik ham.

Gʻijjakchi uning yuziga diqqat bilan tikildi-da:
— Oʻgʻlim, koʻp rahmat. Sogʻ boʻl. Non-choyni hali koʻp baham koʻramiz. Oʻzing bilasan, uydan ketganimizga ikki haftadan ortiq vaqt oʻtdi. Men ham uydan xabar olay. Lekin, bolam, mendan ruxsatsiz qadam bosma! — dedi.
— Tushundim, yoshulli. Maslahatlashamiz...

Oʻt-em yeb yurgan uyiga yaqinlashgan ot baland ovozda kishnadi. Bu ovozga Bola baxshining onasi yugurib tashqariga chiqdi. Uzun boʻyli, boshiga qizil gulli roʻmol oʻragan, ustida qizgʻish koʻylak, istarasi issiq ayol otning jilovidan tutdi-da, uning bosh-koʻzlarini siladi.
— Oʻgʻlim, sogʻ-omon keldingmi? Xudoga shukr, koʻrinishing joyida. Yoʻlda qiynalmabsan. Xudoga ming bora shukr, oʻgʻlim. Lekin shahding pastroq koʻrinyapti. Yoki birortasi koʻnglingga tegdimi? Onangdan yashirma, bolam, nima boʻlsa aytaver...

Bola baxshi otdan yengillik bilan sakrab tushdi-da, onasining yuziga tikilib dedi:
— Yoʻq, onajon, mening koʻnglimga tegmadilar. Aksincha, mening koʻnglimni koʻtardilar. Biroq... Oʻzingiz sogʻ-omon oʻtiribsizmi?
— Shukr, bolam, xudoga behisob shukr. Avvalo xudo, qolaversa, sening soyangda onang xor boʻlayotgani yoʻq. Ha, rizqing katta. Toʻrt tomondan tinmay kelib turishibdi. Men esa sening qaytishingni kutaman. Ular esa seni mendan olib ketishga kelishadi. Baxshining qismati shu ekan, bolam. Nima boʻlsa ham soʻngi xayrli boʻlsin.
— Onajon, qaygʻu qilmang. Hammasi yaxshi boʻladi. Uyda odam bormi?
— Odamdan koʻpi yoʻq, bolam. Mehmonxonaga boraver. Men otingni qantarib bogʻlayman. Tanasi sovigach, oʻzing egarini olarsan.

Mehmonxonani toʻldirib oʻtirgan odamlar Bola baxshini yoʻqotib topganday kutib olishdi. Keksa-yu, yosh uni kichik demasdan barchalari oʻrinlaridan turishdi. Sogʻliq-omonlik soʻrashish, hol-ahvolni bilish yarim soatga yaqin vaqtni oldi. Shundan keyin ovqat tortildi. Uzoq oʻtirib suhbatlashib, xotirjamlik bilan ovqat yeyishdi. Soʻngra kelgan odamlar navbatma-navbat oʻz chaqiriqlarini ayta boshladilar. Bu takliflarning hech birini rad etish mumkin emas edi. Bola baxshi ularning barchasini qabul qildi. Birdan uning yuragiga pichoq sanchilganday boʻlib, koʻz oldi qorongʻilashib ketdi. Baxshi oʻzi boradigan bu toʻylarga Tursunoyning oyogʻi yetmasligiga qattiq achindi. «Hay, ziyoni yoʻq. Men bu toʻylarni tez oʻtkazib qaytaman. Keyin butunlay uning iziga tushaman».

Mehmonlar Bola baxshiga minnatdorchilik bildirib, birin-ketin manzillariga joʻnashdi. Soʻngra baxshi uyda oʻziga bogʻliq boʻlgan yumushlarni bajara boshladi. Oqshom choyini mehmonxonada onasi bilan birga oʻtirib ichishdi.
— Oʻgʻlim, qachon, qayerga boradigan boʻlding?
— Indinga erta bilan Axal tomonlarga ketishim kerak. Uzogʻi bilan oʻn besh kunlardan keyin qaytib kelaman. Oʻzim ham juda charchaganman.
— Voy, oʻgʻlim, yurtning dardiga yarab turganingga shukur qilgin.
— Unga ming bora shukur, onajon.

Onasi oʻgʻlining yuziga qarab, bir muddat oʻtirgach, botinib soʻradi:
— Oʻgʻlim, kelganingda shahding pastroq edi. Onaning yuragi hamma narsani sezadi. Sen yoʻlda nimalarga duch kelding, bolam?

Bola baxshi biroz yerga qarab oʻtirdi. Nimalarnidir eslaganday boʻlib, oʻyga toldi. Keyin asta boshini koʻtardi.
— Aytaqol, bolam, aytaqol. Asl farzand onasidan sir tutmaydi.
— Aytsam, shunday gap, onajon. Mening boshimga ishq savdosi tushganga oʻxshaydi.
— Tilingdan aylanay, oʻgʻlim, — deb onasi roʻmolini qoʻliga oldi va sevinch koʻz yoshlarini artdi. — Meni shu kunlarga yetkazgan xudoyimga ming bor shukurlar boʻlsin. Dadang bechora bu soʻzingni eshitib bilmadi. Zarari yoʻq, farishtalar allaqachon bu xabarni unga yetkazgandirlar. Qani, bolam, ayt-chi, kimni yuragingga tugding. Harna oyogʻi izli-qutli boʻlsin...

Bola baxshi Tursunoy borasida, uning boshqalarga oʻxshamagan goʻzalligi toʻgʻrisida toʻlib-toshib gapirib berdi. Onasi oʻgʻlining soʻzlarini yuzlarini oʻzgartmay, quvonchli jilmayib tingladi. Lekin Tursunoyning nomi ilk bor tilga olinishi bilan bu sevgining oxiri voyligini, oʻgʻlini esa bu ishq savdosidan qaytarishning oʻziga nihoyatda ogʻir tushishiga onaizor tushunib, unga nima desam ekan, deb aytadigan soʻzini oʻylay boshladi. Bola baxshi soʻzini tamomladi. Umid bilan onasining yuziga boqdi.

Ana shunday masalalarda onaning oʻz bolasi koʻnglini oʻksitmaslikka harakat qilishini hamma biladi. Bola baxshining onasi ham hozir bolasini ranjitmaslikning ilojini topsa, oʻzini baxtiyor deb hisoblagan boʻlardi. Ammo u qanchalik qiyin boʻlmasin, oʻz istaganiga qarshi borishga majbur boʻldi.
— Bolam, aytganlaringni jonim bilan tingladim. Shu vaqtgacha uylanish haqida roʻyxush bermasdan kelding. Bugun esa koʻnglingni ochib oʻtirishing meni juda quvontirdi. Ammo menga aytish qanchalik qiyin boʻlmasin, senga bir narsani aytmasam boʻlmaydi. Oʻgʻlim, bu ishq savdongning oxiri boʻlmaydi.
— Nega, onajon? Nima sababdan oxiri boʻlmaydi?
— Mening yurak-bagʻrimni poralama, oʻgʻlim. Qudratilla boy odam. Biz boʻlsak gʻarib va yetimmiz. U qizini bizga bergandan koʻra yerga tiqishni ma’qul biladi.

Bola baxshining xoʻrligi kelib, tomogʻi toʻldi. Birdaniga baxshini yetimlikning, gʻariblik va tengsizlikning achchiq haqiqati changaliga oldi. Biroq ozgina yutinib oʻtirgandan soʻng, dadil-dadil gapira boshladi:
— Ona, boylik bilan kambagʻallikdan tashqari, odamiylik, yurak amri degan narsalar ham bor, axir! Turmush, hayot degan tushunchalarning ma’nosi faqat kimning necha ming qoʻyi borligi bilan belgilanmasa kerak. Tovushim va qoʻlimga koʻz tegmasa, Tursunoyni och-nahor qoʻymasman. Eski koʻylak kiydirmayman. Nega shularni Qudratilla boyga tushuntirib boʻlmaydi. Kerak vaqti u meni uyi oldida uch kecha-kunduz ashula ayttirdi. Nima, endi Tursunoy bizga kerak boʻlganida, nahotki u bunga qarshilik qilsa?! Odamlar bir-birlari bilan suyanishib yashashsa, qaytanga yaxshi boʻlmaydimi?

Oʻgʻlining haqiqat bilan yoʻgʻrilgan bu soʻzlari onaizorning bagʻridan oʻq boʻlib oʻtardi. Chunki yosh yurakning hayot toʻgʻrisida oʻz ishonchi, oʻz tushunchasi bor edi. Toʻgʻrisi, shunday boʻlishi ham kerak edi. Lekin turmush, hayot bu tushunchalarga osonlik bilan yoʻl bermas. Onaizorni azobga qoʻygan narsa ham shu edi. «Oʻgʻlim hali bola. Hanuz turmushdagi koʻp achchiq-chuchuklarning ma’nosiga tushunavermaydi. Unga qarasang, barcha narsa oʻz-oʻzidan gullab ketaveradiganday...»
— Oʻgʻlim, — deb chuqur xoʻrsinib gap boshladi ona, — Bolajonim, sening koʻngling uchun men qishloq oqsoqollarini jamlab, Qudratilla boyning huzuriga yuborib koʻraman. Lekin oldindan aytib qoʻyay, bu ishimizdan biror narsa chiqishiga koʻzim yetmaydi. Boy oqsoqollarimizni behurmat qilib, ularni itlariga talatib quvar. Men ularni kaftimda koʻrganday koʻrib turibman.
— Onajon, bunday niyat bilan odam yuborish nimaga kerak?
— Men boʻladigan gapni aytdim. Niyatimning qandayligini xudo biladi, sen ham bilasan.
— Oqsoqollarni qachon yubormoqchisiz?
— Sen va’da bergan joylaringdan qaytib kel. Men shunga qadar odamlarning boshini jamlayman. Ular ham osonlik bilan rozi boʻlishmaydi. Nima boʻlsa-da, men ularni sen kelgunga qadar rozi qilishga harakat qilaman.

Onasining ishonchsizligi baxshining shahdini qaytargan boʻlsa-da, yoshullilarning boshini bir joyga biriktirmoqchi boʻlgani ruhini koʻtardi. Oldidagi qorongʻi kecha nurga toʻlganday boʻldi.

Yana bir kun uylarida boʻlishib, ikkinchi kun tong saharda Bola baxshi sherigi bilan el xizmatiga otlanishdi. Keksa gʻijjakchi bilan u koʻp qishloqlarda boʻlib, bir qancha katta toʻylarni oʻtkazishdi. Ming-minglab pul toʻplab, koʻpdan-koʻp «sogʻ boʻl»larni eshitib, oʻn toʻrt kun deganda qishloqlariga qaytib kelishdi.

Qishloq yoshullilari nomozjuma kuni toʻplanishib, Qudratilla boynikiga borishga qaror qilishdi. Juma kunigacha yana uch kun bor edi.

Bola baxshi goh uyga kirar, goh tashqariga chiqardi. Oʻtirishga qarori yetmasdi. Goʻyo ichini it talaganga oʻxshardi. U uzoq qishloqlarda boʻlgan ikki haftasini faqat Tursunoyni oʻylab oʻtkazgan edi. Keksa gʻijjakchi Bola baxshining bu galgi ashula aytishlarini koʻrib hayron qoldi. U ustozi Xidir baxshini emas, balki eng usta va manaman degan baxshilardan ham ashula aytishda oʻzgan edi. «Bu dardni» nomli qoʻshiqni kuylaganda, «Buning darajasiga yetadigan baxshi boʻlmas-ov» deb, keksa gʻijjakchi ham boshini chayqaganini bilmay qoldi.

U sevgi ta’sirida ochilgan gulday boʻlib yurar ekan, kunning botishiga yaqin uy toʻriga oʻtib, oldiga bir choynak choy oldi. Choyni ichib boʻlar-boʻlmas, shoshilib tashqariga chiqdi-da, janub tomondagi kanalga tomon tez-tez yurib ketdi. Koʻprikning ustiga chiqib, yashirincha ish qilayotgan odamday toʻrt tomoniga qarab oldi. Keyin kichkina kulbaning oldiga bordi. Qoʻlbola supaning ustida turgan belqovoqni koʻrib, sovgʻa olgan boladay quvonib ketdi. Ichkaridan uzun oq soqolli, katta telpakli, baquvvat qalandar chiqdi. U Bola baxshini yoʻqotib topganday xursand boʻlib qarshi oldi. Sogʻ-omonlik soʻrashganlaridan soʻng supaning ustiga oʻtirishdi.

Qalandarning ovozi tegirmon tovushi singari yoʻgʻon edi.
— Oʻgʻlim, choy qaynataman. Hozir senga alohida xizmat etolmayman. Yangang tugʻishganlarinikiga ketgan...
— Koʻp yashang, qalandar ogʻa! Hozir menga choy ham, non ham kerak emas. Menga faqat sizning oʻzingiz kerak edingiz. Yaxshi ham uyda ekansiz. Mening hol-ahvolimni soʻrang.
— Hol-ahvolingni, albatta, soʻraymiz, oʻgʻlim. Shoshiladigan joyimiz yoʻq. Qalay, borgan joylaringdan sogʻ-omon qaytib keldingmi?
— Xudoga shukur, qalandar ogʻa. Borgan joylarimizda obodonchilik ekan.
— Shunday boʻlgani yaxshi, bolam. El-yurtda obodonchilik boʻlsa, unga yana nima kerak? Lekin hozir seni boshqa bir narsa bezovta qilayotganga oʻxshaydi. Juda bezovtasan. Dilingda nima boʻlsa, aytaver, oʻgʻlim. Eshitay, qoʻlimdan kelsa, senga yordam beraman.

Bola baxshi butun diqqat-e’tiborini bir joyga jamladi.
— Yoshulli, men sizni xudoning yerdagi sevgan bandasi, aziz avliyosifat odam hisoblab yoningizga keldim. Siz menga yordam bermasangiz, boshqa koʻmaklashadigan odam yoʻq, — deb Bola baxshi boshidan oʻtkazganlarini hayajonlana-hayajonlana bir boshidan aytib berdi. Qalandar ogʻiz ochmasdan, uning soʻzlarini jimgina tingladi. Baxshi soʻzini tamomlagandan keyin ham bir necha daqiqa yerga qarab oʻtirdi. Baxshining yuragida bir gʻulgʻula paydo boʻldi. U qalandarning koʻngliga tegdim, uni xafa qildim, deb oʻylay boshladi. Shu sababli yolvorgansimon quyidagi soʻzlar bilan fikrini yakunladi:
— Qalandar ogʻa, men balki sarobga tushib, yoʻq narsa bilan quvlashib yurgandirman. Balki Tursunoyning noz-karashmalari, menga boqishlari boʻyi yetgan ayrim qizlarning qilayotgan navbatdagi oʻyinlaridan biri boʻlishi mumkin. Men ana shu noma’lum ahvolni bilishim kerak. Ana shu yumushni koʻnglingizga olmasangiz, sizdan boshqa odam bajara olmaydi. Mening aytadigan gap-soʻzim ana shu. Qolgan ish sizga bogʻliq.

Qalandar har bir soʻzni yoʻgʻon boʻgʻzidan siqib chiqarganday, xirillab javob berdi:
— Boʻladi, oʻgʻlim, boʻladi. Indinga men senga u qizning javobini olib kelaman.

Bola baxshi qalandarni bagʻriga bosdi. Keyin belqovoqning ichiga bir hovuch kumush tanga tashladi.

Qalandar Bilan Yuzma-Yuz

Quyosh botayotgan bir paytda Qudratilla boyning uyi oldiga kelib, eshakdan tushgan qalandarni Tursunoy iziga ergashtirib, beva-bechoralar uchun moʻljallangan mehmonxonaga olib bordi. Soʻngra onasining yoniga yugurdi:
— Ona, bir qalandar keldi. Unga qanday xizmat qilish kerak?

Uyning toʻrida uzoq xastalikdan shishib ketgan onasi yotgan joyida ingrana-ingrana bir ozdan soʻng javob berdi:
— Qalandar xudoning aziz odami boʻladi. Balki uning duo-tumorlari mening dardimni yengillatar. Unga non-choy ber. Tunab qolmoqchi boʻlsa, joy solib ber. Yotishdan oldin quyuq-suyuq ovqat beringlar. Ularga ma’qul boʻlsang, armoning qolmaydi, bolam.

Tursunoy choy damlab, dasturxon olib kirganda qalandar yerga qarab, oʻyga choʻmib oʻtirgandi. U qizning yuziga diqqat bilan tikildi-da:
— Qizim, uyingizda erkak odam koʻrinmayapti. Boy ota biror joyga ketdilarmi? — deb soʻradi.

Qiz qalandardan koʻrqmadi, uyalmadi. U uyda shunday tarbiyalangan va oʻrgatilgan edi.
— Otam akalarim bilan Xiva bozoriga qoʻy olib ketishdi. Ular ikki kundan keyin kelishadi.
— Sen Qudratilla boyning kichik qizi Tursunoymisan?
— Shunday, Qalandar ogʻa.
— Hozir tashqarida bizning soʻzimizni eshitib turgan bormi?

Qizning yuragi tez-tez ura boshladi. Uning butun vujudida til bilan tasvirlab boʻlmaydigan gʻalati holat yuzaga keldi. Badani titradi, barmoqlarining uchiga tikon sanchilganday boʻldi. Qiz qalandarning kunbotardan toʻgʻri oʻzlarining uylariga kelishida qandaydir bir hayron qoladigan alomat bor-ov, deb fikr qilgan edi. Uning koʻz oʻngida darrov Bola baxshi namoyon boʻldi. Lekin el ichida yurgan bu qalandar bilan Bola baxshi oʻrtasida qanday bogʻliqlik boʻlishiga uning aqli yetmasdi. Baribir qiz qalandarning xavotirlanib turishidan unda qandaydir sir borligini sezdi. Tezlik bilan tevarak-atrofiga qaradi.
— Yoʻq, Qalandar ogʻa. Eshitib turgan odam yoʻq. «Siringni tezroq ayta qolsang-chi», — degan ma’noda qalandarning yuziga umid bilan qaradi.

Qalandar qoʻzgʻalib qoʻydi. Nigohini tizzasining pastiga qaratdi.
— Qizim, unda yaxshilab quloq sol. Men xudoning bir bandasi-ning yumushi bilan sening oldingga keldim.
— Ha, ha, qalandar ogʻa, — deb Tursunoy oldinga surildi. — Aytavering, soʻzingizni...
— Aytadigan boʻlsam, bunday. Bu narsa turmushda boʻladigan urf-odat. Shu sababli mening aytganlarimni uyalmasdan, puxta eshit. Qishlogʻimizda Bola baxshi degan bir yigit bor. Ana shu yigit meni sening yoningga yubordi. U sening ishqingda yonib, majnun boʻlib yuribdi. «Bir necha kun oldin Qudratilla boyning qamishli qudugʻining boshida bir parizod koʻrdim. Shundan beri tinchimni yoʻqotdim. Kechalari uxlay olmayman, kunduz kunlari odamday oʻtira olmayman», deydi. «U qiz butunlay mening aqlu hushimni oldi», deydi. U yuragidagilarni yashirmay aytdi. «U parivash menga kulib boqdi. Oʻzining noz-karashmalari bilan yuragimni poraladi», deydi. Meni sening oldingga yuborishining sababi shundan. U sening oʻsha jilmayishlaringning chin yoki hazilligini bilishni istaydi. Koʻnglingning kimdaligini bilmoqchi. U bechora ishqingda devona boʻlib yuribdi.

Agar oʻtirgan uylarining shiftida tandirning ogʻzicha yangi oftob paydo boʻlsa-da, qiz bunchalik quvonmasdi. Eng oldin Tursunoy qalandar ustiga oʻzini otib, uni quchoqlagisi, goʻshtdor betlaridan oʻpib olgisi keldi. Keyin katta telpagini olib, koʻrpacha ustiga qoʻygisi, oppoq sochlarini nozik barmoqlari bilan silagisi keldi. Qizning tili hech nima demasa-da, uning koʻzlari, qarashlari uning yuragidagini yuzaga chiqarib turardi. Ammo uning qizlik sharm-hayosidan chiqishi aslo mumkin emasdi. Bunga Tursunoyning aqli, fahm-farosati yetardi.

Qizning ovozi ishonchli va qat’iy chiqdi:
— Qalandar ogʻa, uni yuragimga ishonmasligining sababi nima ekan?
— Qiz yuragini bilish, ayniqsa, bir koʻrganda bilish juda-juda mushkul, bolam. Bola baxshi shu yoʻl bilan ish koʻrib juda toʻgʻri qilyapti. Sen bundan xafa boʻlma.
— Yoʻq, Qalandar ogʻa, men undan xafa emasman. Biroq uning mening ahvolimdan bexabarligi qiynaydi meni. Siz, u sening ishqingda devona boʻlib yuribdi, dedingiz. Men ham uning holatidaman. Eng yomoni dardimni tushunadigan, unga darmonu malham boʻladigan yaqinim yoʻq. Baxshi yoningizga borib, ichidagini sizga bayon qilgan boʻlsa, mening bunday odamim yoʻq. Jonimni ishongan yolgʻiz bir yangam bor. U bechoraning ham qoʻlidan hech narsa kelmaydi. Qani, endi oʻylab koʻring-chi, kimning ahvoli qiyin ekan?

Qalandar bu qizning dilovarligiga, aqlli fikr yuritishiga qoyil qoldi. U hech mahal qiz bola bilan oʻtirib, bu tarzda suhbat qurmagan edi. Hozir uning uchun yangi bir dunyo ochilgandi.
— Unday boʻlsa, qizim, men unga Tursunoyning yuragi faqat senda, uning yuragida boshqa odam uchun bir barmoqcha ham joy yoʻq ekan, deb aytaverayinmi?
— Shunday desangiz ham boʻladi. Ammo men uchun u aytganlaringiz kam, qalandar ogʻa. Siz unga Tursunoy faqat sening noming va xayoling bilan yashayapti. Sensiz unga bir dam ham kerak emas, deng. Tirik boʻlsam uniki, oʻlsam qora yernikiman deb aytdi, deng unga.

Tursunoy qalandarni butunlay, lol qoldirdi.
— Endi, bu ishlarning soʻngi nima boʻladi? Bu toʻgʻrida ham qandaydir fikring boʻlsa kerak? Balki, oʻzing biror yoʻlini topgandirsan?
— Qalandar ogʻa, mening bu haqda oʻylashimga vaqtim yoʻq. Men faqat uning toʻgʻrisida oʻylayman. Oʻzi nima istasa, qanday yoʻl topsa, shuni qilaversin. Men barchasiga roziman. Oʻl desa oʻlaman. Arava yuborib, oʻligimni olib ketaversin. Yasha desa, yashayman. Qochaylik desa, unga ham tayyorman. Uning biror mayliga qarshi emasligimni yetkazing.

Qalandar ichidan «ofarin» deb, ikki qoʻlini koʻksiga qoʻydi:
— Endi, qizim, men turay.
— Siz bugun mehmon boʻlib qolasiz, — deb Tursunoy e’tiroz bildirdi. — Avvalo oʻzingiz uchun ham qorongʻi kechada yiqilib, turtinib-surtinib yurish yaxshi emas. Keyin shunday xabar bilan kelganingiz uchun ham, sizni mehmon qilmasdan yubormayman.

Qiz shu soʻzlarni aytgandan keyin yelib-yugurib xizmat qila boshladi. Ketma-ket issiq choy olib keldi. Turli shirin taomlar tortdi. Xiva tuprogʻida pishgan eng sara guruchlardan palov pishirdi. Yotishdan oldin qalandarga jundan yangi toʻqilgan toʻn sovgʻa qildi.
— Qalandar ogʻa, siz erta bilan yoʻlga tushasiz. Mendan unga koʻp salom ayting. Koʻzim doimo uning yoʻlida ekanligini baxshiga tushuntiring. Endi esa menga oq fotiha bering. Deydilarki, xudoning eng aziz odami duosi yaratgan egamning qulogʻiga tez yetar emish.

Qalandardan oq fotiha olib, qiz xayrlashib chiqib ketdi.

Uyning ichida bir oʻzi qolgan qalandar hali ham Tursunoyning dadil harakatlariga, dono soʻzlariga lol qolardi. U xotin-qizlarda bunday xatti-harakatlarning borligiga aslo ishonmasdi. Uning oʻylashicha, ayol sotib olingan buyum singari uyga olib kelinardi. Keyin u buyurilgan yumushlarni bajarish bilan shugʻullanishi kerak edi. Ayolning ham soʻzlashishga, oʻylashga uquvi bor, degan fikr qalandarning miyasiga hech ham oʻrnashmas edi. Shuning uchun ham Tursunoyning qiyofasi koʻz oldida juda balandlarga koʻtarildi.

Qalandar ertalab tong yorishgach, yoʻlga tushdi. Quyosh chiqib, kun tikkaga kelganda Bola baxshining uyi oldida:
— Yo, haq, balo daf! — degan tovush eshitildi. Bu ovozni eshitgan baxshi dovdirab, oldidagi yeguliklarni sochib, yugurib tashqariga chiqdi.

Ular hurmat bilan salomlashdilar. Qalandar:
— Oʻgʻlim, qani, mening yonboshimda yur-chi. Sen bilan boʻladigan gap-soʻzimiz koʻp, — dedi.

Bola baxshi:
— Balki, uyda soʻzlasharmiz. Onamning ishlari koʻp. Ikkalamiz xotirjam oʻtirib soʻzlashaylik, — deb iltimos qildi.

Qalandar rozi boʻlmagandan keyin ikkalasi janub tomondagi soy koʻprigi tarafga yurib, suhbatlasha boshladilar. Qalandar boʻlgan voqealarni birma-bir soʻzlab berdi. Yigitning xursandligini hech bir narsa bilan qiyoslab boʻlmasdi. U hozir yetti qavat osmonning tepasida olgʻir burgut kabi qanot qoqardi...

Shu kunning ertasi Bola baxshi ertalabdan oʻz tengqurlarini uyiga chaqirdi. Qoʻy soʻyishdi. Issiq nonlar yopildi. Qozonlarda turli taomlar pishirildi. Peshinga yaqin yetti-sakkizta qishloq oqsoqoli viqor bilan savlat toʻkib, baxshining uyiga kirib kelishdi.

Ovqat boshidagi suhbat faqat sovchilik toʻgʻrisida boʻldi.
— Qudratilla boy qizini baxshidan yaxshi odamga bermaydi. Shuning uchun u bizni noumid qilolmaydi.
— Hey, boy ogʻziga siqqanini aytsin. Baxshining kuchi yetmasa, koʻplab koʻmaklasharmiz. Boyni rozi qilsak boʻldi-da.
— Baxshining otasi ham yurtdan narsasini ayamadi. Biz ham uning oʻgʻli uchun borimizni ayamaymiz.
— Hoy, odamlar, yaxshi niyat bilan boraylik. Balki, ishimiz shunday ham bitar.
— Ish bitishi kerak. Savdomiz baroridan kelsin. Bola baxshi orqali nomi tillarga doston boʻlgan qishlogʻimizning bu farzandi hech bir yigitdan kam emas.

Maslahat uzoqqa choʻzildi. Yoshullilarning barchasi umidni qoʻldan bermay, oʻz fikrlarini aytishdi. Bola baxshining onasi ham qoʻlidan kelgan xizmatni ayamadi. Nihoyat, erta bilan yoʻlga tushishga qaror qilishib, hammalari uy-uylariga tarqalishdi.

Odamlar ketgandan soʻng Bola baxshining yuragi siqilib, bezovtalana boshladi. U jimgina oʻtirib, boʻlgan gap-soʻzlarning hammasini eshitdi. Yoshullilarning fikr-mulohazalari unga ma’qul boʻldi. Birdaniga u Qudratilla boy rozi boʻlar, borgan bu keksalarning soʻzini qaytarolmas degan xulosaga ham keldi. Ammo sekin-asta noma’lum bir gʻam uning yuragini gʻijimlay boshladi. «Agar boy rozi boʻlmasa, borgan odamlarni iziga qaytarib yuborsa, unda nima qilish kerak? Qiz men nima desam shunga rozi ekan. Bu yaxshi narsa. Lekin bu ishni qanday qilib amalga oshirish kerak? Olib qochish kerakmi? Qayerga olib borish kerak? Men Qudratilla boyning qizini olib qochib keldim, desam, kim meni uyiga kiritadi? Yoki vatanni butunlay tark etib, uzoq yurtlarga ketsammikin? Unda mening orqamda qolganlarning taqdiri qanday boʻladi. Onamning sochidan sudrab, uni el-yurt ichida masxara qilishmaydimi? Yaxshisi, men yoshullilarning olib keladigan xabariga qaray-chi? Agar ular yaxshi xabar olib kelmasalar, unda oldin onamni Axalga ketayotgan karvonga qoʻshib yuboraman. Keyin Tursunoyni olib, uning orqasidan boraman...»

Bu, albatta, yoshlikning botirona oʻy-fikrlari edi. Onani notanish yerlarga qanday yuborish kerak? Kimnikiga bor deb joʻnatish kerak? Onasi u yerda kunini qanday koʻradi? Agar olib qochish oʻngidan kelmasa, soʻngi nima boʻladi? Ham onasidan, ham qizdan ayrilib oʻtiraveradimi? Bola baxshi hozir bular toʻgʻrisida oʻylamasdi. Uning miyasida Tursunoydan boshqa uchun joy yoʻq edi. Ayniqsa, qalandarning keltirgan xabaridan soʻng u nima olib, nima qoʻyganini ham bilmasdi.

Bola baxshi qosh qoraygandan keyin yoʻlga tushdi. Hamma uyquga ketgan payt boyning uyi tevaragiga borib, hovlini uzoqroqdan kuzata boshladi. Atrofi daraxtzor boʻlgan katta hovli oy yorugʻida uzoqdan kunduzgiday koʻrinib turardi. Lekin uy oldida hech kim koʻrinmasdi. Milt etgan chiroq nuri koʻzga ilinmasdi. Bola baxshi ancha vaqt uy atrofini kuzatgach: «Voh, shu vaqt uni bir koʻrsam edi, uning bilan ozgina soʻzlashib bilsam edi» deb, tarvuzi qoʻltigʻidan tushib, qishlogʻiga qaytdi.

Sovchilar

Qudratilla boy oʻgʻillari bilan Xiva bozoridan qaytib keldi. Kelgan kunining ertasi hech qayerga bormadi. Bolalari ham oʻz uylarida boʻlishdi. Boy peshin payti boshiga uchta, oyogʻiga ikkita yostiq qoʻyib, mehmonxonaning toʻrida chalqancha yotardi. Shu vaqt katta oʻgʻli kirib:
— Ota, besh-oʻnta otliq yoshulli biznikiga kelayapti. Ularga nima deb javob aytishim kerak?– dedi.

Boy tirsagiga suyandi-da:
— Otlimi, eshaklimi? — deb soʻradi otasi.
— Barchasi otli.
— Unday boʻlsa, kelaversinlar, — deb boy yotgan joyidan turdi.

«Ey xudo, bular kimlar ekan-a? Nima uchun bunday toʻda boʻlib kelayaptilar. Yoki da’vo-janjal chiqdimikin?» deb, Qudratilla boy oʻyga toldi. Sovchilikka kelishdimikin, degan oʻy uning kallasiga kelmasdi. U yana oʻylay boshladi: «Odamlarning orasidagi urush-janjallar tugamaydi. Hammasi bir-birini yeyishga tayyor. Bularning boshqa joyga bormay, shu yerga kelib turganlariga ham shukur...»

Xivada savdosi pishib, koʻngli shod boʻlib qaytgan Qudratilla boy kelganlarni ochiq chehra bilan kutib oldi. Darrov dasturxon yozildi, qaynoq koʻk choylar keltirildi. Bola baxshining qishlogʻidan kelganlar boyning bu holatini koʻrib bemalol oʻtirishdi. Boy bu kishilarni, bu kishilar ham boyni yaxshi tanishardi. Shu sababli choy boshida barchaga ma’lum boʻlgan narsalar toʻgʻrisida, yer-suv, yerdan hosil olish, bahorgi ekin ekishga tayyorgarlik haqida gaplashishdi. Bir vaqt ovqat olib kelishdi. Shirin taomlardan qorinlari toʻygach, qoʻllarini yuvishdi, tishlari orasiga kirgan ovqat qoldiqlarini tozalashib oʻtirar ekanlar, kelgan yoshullilarning gapga chechanrogʻi oʻrtaga tushgan jimlikni buzdi:
— Qudratilla boy, kech kiryapti. Sen endi bizlarning xabarimizni olsang yaxshi boʻlardi.

Boy ochiq chehra bilan javob berdi:
— Nimaga shoshilyapsizlar? Bugun yotib ketarsizlar. Hozir qish vaqti boʻlsa, yotib qolgan shoshilinch ishlaringiz boʻlmasa.
— Koʻp rahmat, boy ogʻa, — deb boyagi soʻzga chechan odam javob berdi. — Qilgan xizmatingizga rozi boʻling. Biz ham ertaroq bola-chaqaning oldiga boraylik.

Boy yana dedi:
— Men quruq manzirat qilayotganim yoʻq.

Bu soʻzga hammalari birday javob berdilar:
— Xudo yorlaqasin, boy. Quruq manzirat emasligini bilib oʻtiribmiz. Koʻp sogʻ boʻling.
— Unda oʻzlaringiz xabarlaringizni aytaveringlar.

Gapga chechan oqsoqol soʻzni uzoqlardan boshlab, ancha yaxshi gaplarni aytdi. Soʻng u muloyimlik bilan asosiy masalani bayon qila boshladi:
— Boy ogʻa, soʻzimizni muxtasar qilib aytsak, biz siz bilan qarindosh boʻlish uchun keldik. Oʻzingizga ma’lum, bizning Bola baxshimiz hunari bilan yurtga oʻzini tanitgan yigit. Boʻy-bastda, obroʻda, oʻz ishiga ustalikda, xudoga shukur, uning oldiga tushadigan odam yoʻq. Odobi, ikromi undan yaxshi. Bizni sizning oldingizga yuborganda, boy ogʻaga borib ayting, eshigida qul boʻlish kerak boʻlsa, men tayyorman. Uning obroʻsini doimo yurtga yoyish kerak boʻlsa, unga ham tayyorman. Qalin masalasida boʻlsa, koʻnglidagini aytsin. Bir qadam orqaga chekinsam, otamning oʻgʻli emasman, deydi. Oʻzingiz bilasiz, uning otasi ham yurt ichida taniqlik, obroʻli inson edi. Xullas, u faqirning umri qisqa ekan, yolgʻiz oʻgʻlining shu darajaga yetganini koʻrib bilmadi... Ana, boy ogʻa, bizning bor boʻlgan yumushimiz shundan iborat. Soʻzimizni tinglaganingiz, izzat-hurmat qilganingiz uchun mingdan-ming minnatdormiz.

Boy yerga qaraganicha, ovoz chiqarmay jimgina oʻtirardi. Uy ichiga suv sepilganday boʻldi.

Bu mahal Tursunoy orqa tarafdagi uylar oʻrtasida suruvidan adashgan kiyikday boʻlib, aniq bir joyda oʻtirolmay, ish qilganday kuymanib yurardi. U kunbotar tomondan kelgan yoshullilarning nima maqsadda kelganliklarini darrov fahmladi. Uning butun vujudi quloqqa aylanib, odamlar oʻtirgan mehmonxonaga qaratildi. Qiz u tomondan kulgi yoki gʻazabli qichqiriq tovushi eshitilarmikin degan xavotirda edi. Lekin u kutgan narsalarning birortasi boʻlmasligi qizni hayron qoldirdi. Ayniqsa, gʻazabli qichqiriqlarning eshitilmasligi uning yuragida umid uchqunlarini uygʻotdi. Xivadan savdosi pishib, koʻngildagidek boʻlib kelgan otasining birdan rozi boʻlishi ham mumkin, degan oʻy uni ozgina xotirjam qildi. «Rozi boʻlishsa juda yaxshi, boʻlishmasa endi men orqaga qaytmayman. Boʻladigan ish boʻlishi kerak!» deb quduq boshida qilgan qasamini esladi. Bu orada ikki tomonga qatnab, mehmonlarga xizmat qilib yurgan eng kichik akasi qizning yoniga kelib toʻxtadi.
— Nima qilib yuribsan?
— Koʻrmayapsizmi, idish-tovoqlarni yuvyapman.
— Ularni nima qilasan?
— It hursa, ogʻziga qopqoq qilaman.

Tursunoy bilan kichik akasi oʻrtasidagi gap-soʻz doimo ana shunday mehrli hazil-huzul bilan, bir-biriga teskari javob berishlar bilan oʻtardi.

Akasi aftini bujmaytirib, tirjaydi:
— Anovilarning nima uchun kelganini bilasanmi?

Akasining bunday tirjayishi qizning a’zoyi-badanini titratib yubordi. U Bola baxshi odamlariga beriladigan javobning qanday boʻlishini fahmladi. Shunday boʻlsa-da, mardlik bilan oʻzini tutib, javob berdi:
— Mening kelgan-ketgan bilan ishim yoʻq!

Akasi oʻsha holatini oʻzgartmay, bepisand gapirdi:
— Bola baxshi degan bir shoʻrtumshuq bu qari-qartanglarni yigʻib, uyalmasdan otamning huzuriga yuboribdi. Bilasanmi, nimaga? Qudachilikka... Ha, ha, ha...

Tursunoy kichik akasi bilan bir-biriga mehrli aka-singilligini yuqoriroqda eslatgandik. Hozir, shu paytda, qiz manman, boshqalarni nazar-pisand qilmaydigan olchoq akasining boʻyniga ogʻirroq bir narsa bilan urishdan oʻzini zoʻrgʻa tiydi. U tishlarini qattiq qisib, tovushini ham chiqarmadi. Ish qilayotgan kishi boʻlib turdi. Akasi ish bilan oʻz yoʻliga ketdi. Qiz akasining orqasidan koʻzini olaytirib qaradi. «Mayli, istaganlaringizni qiling. Yoʻlingizdan qolmang. Biz ham oʻz bilganimizdan qolmaymiz». Endi uning qoʻli ishdan butunlay sovidi. Ustini oppoq qor bosib yotgan keng maydon ham hozir uning koʻziga tor hujra boʻlib koʻrindi. Katta ola mushugi kelib, «miyov» dedi. Qizning qoʻliga suykaldi. Tursunoyning koʻziga yosh toʻldi. «Mushukkinam, sovqotdingmi? Och qoldingmi?» deb, uning orqasini siladi... «Sen qolasan. Tez vaqt ichida bir oʻzing yakka qolasan. Meni koʻrishga zor boʻlasan. Sening holingdan kim xabar oladi? Kim seni mushukcham deb erkalaydi? Meni hech qachon yodingdan chiqarma. Meni doimo eslab turgin» deganda, koʻzlaridan marjon-marjon koʻz yoshlar beixtiyor yuzidan dumalab tusha boshladi.

...Boyning yerga qarab oʻtirishi uzoq davom etdi. Uyda oʻtirganlar bu jimjitlikni buzishga jur’at qilolmadilar. Qudratilla boy nihoyat, chala yoʻtalib, tevarak-atrofga koʻz yugurtirib chiqqach, keskin ohangda shunday dedi:
— Mening baxshi-paxshiga uzatadigan farzandim yoʻq. Agar bor yumushingiz shu boʻlsa, unda qanday kelgan boʻlsangiz, shunday qaytaveringlar. Baxshiga ikki narsani ayting: birinchidan, u qarindosh boʻlmoqchi boʻlgan odamini oʻzi tengi odamlar orasidan qidirsin. Ikkinchi aytmoqchi boʻlgan soʻzim, men kelgusi oyning oʻrtalarida nabiramning soch toʻyini oʻtkazmoqchiman. Ana shu toʻyda u uch kun ashula aytib berishi kerak. Kelgusi oyda u hech qanaqa toʻyga bormasin. Yurt kezib, toʻy oʻtkazib topadigan daromadini oʻzim beraman. Mening soʻzim tamom, vassalom.

Butun bir katta qishloqning ishini toʻgʻri yoʻlga solib yurgan yoshullilar yuzlariga urilganday boʻlib, uydan chiqdilar. Otlariga minishdi. Ketib borishar ekan, ularning ishlari pishmaganligi uchun manglaylari egarning qoshiga tegay-tegay deb ketardi. Qishloqqa kelganlarida ular jonsiz odamga oʻxshab qolgandilar.

Oʻshandan besh kun oʻtgach, Bola baxshi boshqa kunlarga nisbatan ertaroq uygʻondi. Kechasi bir tanishidan olib kelgan koʻrimsiz choʻltoq otni shoshib-pishib egarladi. Uch qavat toʻn kiyib, uning ustidan esa eskiroq yupqa toʻn kiydi. Rangini bilib boʻlmaydigan eski telpakni boshiga qoʻndirdi-da, onasining yoniga bordi.
— Onajon, qalay, boʻladimi?
— Kam-koʻsti yoʻq, bolam. Ehtiyot boʻlgin.
— Gʻam chekmang, onajon. Ammo meni soʻrab kelganlarga ishonchliroq bahona topib, xafa qilmasdan orqasiga qaytaring.
— Xoʻp, bolam, xoʻp.

Tursunoy bilan ilk bor uchrashgan vaqtni moʻljallab, Bola baxshi qamishli quduq taraf otini haydadi. U bugun Tursunoy bilan qamishli quduqning boshida uchrashishni, hech boʻlmaganida u bilan bir-ikki ogʻiz soʻzlashmoqni yuragiga tukkan edi. Uning barcha harakatlari, oʻzini tutishlari dadil edi.

U ayni vaqtda quduqning boshiga keldi. Nova boʻsh edi. Quduqning chelagi ham koʻrinmasdi. Bola baxshi koʻzlarini Qudratilla boyning hovlisidan olmay, quduq atrofida aylana boshladi. Bu paytda tovuqlarga don berib yurgan qiz quduqqa tomon qaradi. Uning yuragi gursillab ura boshladi. Qiz bu otliqning kun botardan kelishini koʻrgan zahoti suvga borishni niyat qilgandi. U hozir suvga bemalol borishi mumkin edi. Chunki uyda otasi va akalari yoʻq edi. Shuning uchun ham qiz qoʻlidagi bir hovuch joʻxorini tovuqlari oʻrtasiga shoshib sepaladi-da, chelagini olib, quduqqa tomon tez-tez yurdi. Yoʻlning oʻrtasiga kelganda, u Bola baxshini tanidi. Qiz quduq boshiga kelganda, Bola baxshi uni shunday soʻzlar bilan qarshi oldi:
— Tursunoy, parilarning sultoni, koʻzimning quvonchi. Hozir uzoq turishga vaqt yoʻq. Sen mening oʻyimda-fikrimda, butun turish-turmushimdasan. Yaxshilab quloq sol. Men sensiz yashay olmayman. Seni olib qochishga ham, sen bilan qoʻl ushlashib oʻlishga ham roziman.

U qizning oʻz yoniga qoʻygan chelagini oldi-da, suv tortishni boshladi. Bu harakatlari bilan hech kimning diqqatini oʻziga tortmay, otashin soʻzlarini davom ettirdi.
— Otang meni oʻziga munosib koʻrmadi. Buni bilasan. Menga ish buyuribdi. Men bu xizmatni astoydil, sen uchun joyiga yetkazib bajaraman. Mendan yaxshilik qolsin. Endi gap bunday: Onamni Axalga joʻnataman. Otangning toʻyi tamom boʻlgach, xudoning yaxshi bir kuni, tun yarimda bir joyda uchrashamiz. Shu joydan seni otimga mingashtirib, yurtdan qochib ketaman. Agar, Tursunoy, jonim, sen shunga rozi boʻlsang, menga aniq soʻzingni ayt. Men sening shu soʻzing bilan nafas olay.

Tursunoy Bola baxshining soʻzlarini eshitmasdi. Eski-tuski kiyimning ichida kulga koʻmilgan gavharday boʻlib turgan bu yigit uning bor es-hushini olgandi. Qiz bir kosa sharob ichganday mast edi. U simobday titrab turishicha, baxshining xushroʻy barmoqlaridan, farishtaday chiroyli yuzidan, kelishgan qaddi-qomatidan koʻzini ololmasdi. Agar hozir undan oting kim deb soʻralsa, Tursunoy unga toʻgʻri javob berolmasdi. U hozir gʻaflat uyqusida yotgan parizodga oʻxshardi. Baxshining: «Men sening shu soʻzing bilan nafas olay», deyishi uni hushiga keltirdi.
— Baxshi, siz uchun oʻlimga ham, yurtdan chiqib ketishga ham roziman. Men tufayli qoʻlingiz bogʻliq boʻlmasin. Mening soʻzim soʻzdir, ey yigit! — dedi qiz.
— Tilingga qurbon boʻlay, — deb baxshi chelakni suvga toʻldirib, qizning oldiga qoʻydi. Soʻngra uning koʻzlariga, olma kabi qizarib turgan yonoqlariga, bilakdan yoʻgʻon soch oʻrimlariga, qayrilma qoshlariga shunday mehr bilan tikildiki, qiz bu qarashlarga dosh berolmay yerga qaradi.

Yigit bu fursatdan foydalanib:
— Oldingi safar chalaroq koʻrgan ekanman. Sening yeru koʻkda tenging yoʻq ekan. Xudoyim seni menga koʻp koʻrmasin! – U shu yerga kelganda bir toʻxtadi-da, keyin yana yutina-yutina soʻzini davom ettirdi. — Endi men ketay. Bunday ortiq turish xavfli.

Qiz sevinganidan gangib qolgan boshini zoʻrgʻa koʻtarib, Bola baxshiga qaradi:
— Yana bir oz turing... Uyda hech kim yoʻq.
— Men sening oldingda itday yotishga ming marta roziman. Lekin hozir mumkin emas.

Bola baxshi armon bilan oʻkinar ekan:

Xitoyi barmoqli ul nozik qoʻldan,
Tutsam oʻldirarlar, tutmasam oʻlam...–

satrlarini qoʻshiq qilib aytdi. Uning ovozi asta chiqsa ham, lekin temirga urilgan kumushday toza, sof va tiniq edi. Bu satrlar qizning bagʻrini pora-pora qildi. Koʻzlariga yosh keldi. Tursunoy koʻzlarini artib, yana qarayman degunicha Bola baxshi otiga minib, qishlogʻi tomon ketdi.

Tursunoy ertasiga oʻrnidan turolmadi. Uning a’zoyi badani oʻt bilan olovday edi. Bir kechada lablarini yara bosdi. Hushi ham goʻyo oʻzida emasga oʻxshardi...

Hikoyaning Oxiri

Soch toʻyiga besh kun qolganda Tursunoy oʻrnidan turdi. U nihoyatda qattiq hastalangan edi. Qiz oʻzini goʻyo yerga aylantirib urilganday his qilar edi. Boshi aylanar, koʻzlarining oldi qorongʻilashardi. Qulogʻida esa Bola baxshining aytgan qoʻshiq satrlari jaranglab turardi. It hursa, mushuk miyovlasa, hatto birortasi baland ovoz bilan gapirsa-da, Tursunoyning jahli chiqardi. U tovushlar qoʻshiq ohanglarini eshitishga, undan huzurlanishga xalaqit berardi. Uning qulogʻiga begona tovushlar eshitilmagan sayin qizning ahvoli yaxshilanib borardi.

Bu uchrashuv qizda oʻziga xos bir taassurot qoldirdi. U bu uchrashuvda yigitni xohlagancha koʻzdan kechirdi. Bola baxshining boʻy-bastida zigʻircha kamchilik topmadi. Aksincha, oldingi ilk bor koʻrishganidan ham Bola baxshi qizga ming marta kelishgan, mehrli va qadrli koʻrindi. Undan tashqari qizga yoqqan narsa Bola baxshining ochiq soʻzligi, tiniq fikrliligi, Tursunoyni oʻz tarafiga oʻtkazib olgan odamday unga ishonib soʻzlashlari boʻldi Ana shu narsalar qizning koʻz oʻngidan hech ketmasdi. Shular sababli Tursunoy doimo hoʻngrab yigʻlashga tayyor turardi. Uning tomogʻi hamisha yigʻi-sigʻiga lim-lim toʻla edi.

Qiz ham oʻz tarafidan toʻyga tayyorgarlikni boshladi. U kunduz kuni odamlarning koʻz oldida baxshining ashulalarini eshitish uchun dugonalaridan ajralib oldinga chiqa olmaydi. Chunki minglarcha koʻz qizga tikilib tursa, uning qoʻlidan nima ham kelardi, deysiz. Kechasi, qorongʻi boʻlganda bu ishni amalga oshirish mumkin. U oʻshanda baxshini qorongʻi joyda turgancha uzoqdan ham, yaqindan ham tinglashi mumkin. Lekin buning uchun baxshi oʻtiradigan joyni aniq belgilab olish kerak. Qoʻylar turadigan ogʻilxona juda oʻngʻay joyda qurilgan edi. Qiz baxshining oʻtiradigan joyini taxmin qilib, uni ogʻilxonadan xotirjam koʻrib oʻtiradigan qilib bir nechta teshik yasadi. Keyin bahorda oʻtiradigan ayvonning chala suvalgan yupqa devorining bir nechta joyini teshdi. Qizning koʻngli xotirjam boʻldi. U endi baxshini ogʻilxonadan ham, ayvondan ham bemalol koʻrib, uning mehrli qiyofasini kuzata oladi. Qizga kechqurungi toʻydan boshqa hech narsa kerak emas edi. Tursunoy bu yumushlarni bajarib boʻlgach, nimagadir tugunlarni, ulardagi koʻylaklarini koʻzdan kechira boshladi. Yoqasiga bezakdor naqshlar berib, turli matolardan tikilgan xilma-xil koʻylaklarini navbat bilan kiyib koʻrdi. Yangi yasalgan taqinchoqlarini boʻyniga, doʻppisiga taqdi. Lekin ikkita koʻylakdan boshqasini tugunlab, joyiga qoʻydi. Tanlab olgan ikkita koʻylagini alohida joyladi.

Qiz tevarak-atrofida boʻlayotgan voqealarga, toʻyga tayyorgarlik koʻrayotganlarga befarq va nihoyatda gʻamgin edi. U oʻzini ojiz sezardi. Qiz goʻyo butun dunyo bilan mangu xayrlashmoqchi boʻlgan insonga oʻxshardi. Qoʻli sira ishga bormasdi. Aslida undan ish talab qilayotgan odam ham yoʻq edi. Qiz noxushlangandan beri Oqqiz qoʻl bilan oyoqqa aylangandi. U Tursunoyning qoʻlini issiq suvdan sovuq suvga urdirmaslikka harakat qilardi. Non yopish, kir yuvish, sigir sogʻish kabi ishlarni boyning boshqa kelinlari bajarishardi. Oqqiz ba’zan-ba’zan qizning nozik torlarini chertib koʻrishga harakat qilardi. Bu bilan u qizni soʻzlatib, ozgina boʻlsa-da, dardini yengillatishga koʻmaklasharman deb oʻylardi. Lekin qiz muz qotgan toshday Bola baxshi haqida emas, balki oddiy narsalar toʻgʻrisida ham Oqqizning yonida gapirmasdi. Oqqiz ham hech kimga hech nima demagan boʻlsa-da, Tursunoyning oʻzini tutishidan xavfsirardi. «U aqldan ozdimikin? Kundan-kunga yomonlashib borayotganga oʻxshaydi. Nima qilsam ekan-a? Onasiga yoki erimga aytsammikin? Ular nega shu paytgacha indamay yurgan eding, deb meni azoblasalar nima qilaman? Ey xudoyim-ey, oʻzing shu qizga mehribonlik qilgaysan. U bechorani yomon ishlarga boshlamagaysan...»

Toʻy yaqinlashgan sayin Tursunoyning ahvoli ogʻirlasha boshladi. Ba’zi paytlar badanida bitmas-tuganmas kuch paydo boʻlib, oʻzini qoʻyishga joy topolmay qolsa, ba’zan esa tanasidagi quvvatni kimdir bir narsa bilan sugʻurib olganday qoʻl-oyogʻini koʻtarishga ham kuchi yetmay, sulayib qolardi. Kuch kelgan paytlari Bola baxshini otining sirtiga olib, qizning oʻzi uni yurtdan olib chiqishga ham tayyor boʻlardi. Kuchi qochgan paytlari barcha narsadan umidini uzardi. Yorugʻ jahon uning koʻziga qorongʻi makonga oʻxshab koʻrinardi. Bunday holda uzoq yashash esa aslo mumkin emasdi...

1910 yilning 7 yanvar kuni havo qattiq sovuq boʻldi. Hamma yerni qalin qor bosdi. Daraxtlar ustlaridagi qorlarni koʻtarolmay, egilib qolishdi. Daraxt shoxlaridagi qushlar muzlab, kesakday tizza boʻyi kelgan qorning ustiga dumalab tushardi. Qoramollar ilon koʻrganday junlarini dikkaytirib, devor yo uylarning yonboshlariga gʻaram qilib qoʻyilgan beda, yantoq, joʻxori gʻaramlariga yonboshlarini tirab turishardi. Odamlar, bola-chaqa iloji boricha tashqariga chiqmaslikka harakat qilar edilar.

Biroq bugun toʻyning birinchi kuni edi. Hamma oyoq ustida turishi, Qudratilla boyning xizmatini astoydil bajarishi kerak edi. Shunday ham boʻldi. Oftob chiqishi bilan toʻrt tarafdan otda, eshakda, piyoda odamlar, bola-chaqa — barchasi bizga tanish boʻlgan hovli tomon kela boshladilar. Ular non yopish, qoʻy soʻyish, oʻchoq oʻrnatish, baxshi qoʻshiq aytadigan keng maydonni tayyorlashga kirishdilar. Hovli oldidagi maydonga bir necha ming odam sigʻardi. Avval oʻsha yerni tekislab chiqishdi. Keyin supurib-sidirib qordan tozalashdi. Oʻrtasini moʻljallab yer oʻchoq qazdilar. Qiz esa baxshining oʻtiradigan yerini bilganidan keyin oʻzi yasagan teshiklarni tekshirib koʻrdi. Ixlos bilan qilingan ish joyiga tushgan edi.

Quyosh chiqib, daraxtlar boʻyidan baland koʻtarilgach, yaxshi bezatilgan saman otning ustida olgʻir lochinday boʻlib Bola baxshi ham yetib keldi. Gʻijjakchisi ham yonida edi.

Baxshi bu fursatni har damgidan ham zoʻr zoriqish bilan kutgan edi. U oldinlari qizning qishloqlariga yaqin yerlarda qoʻshiq aytishni istagan boʻlsa, endi Bola baxshi Tursunoyning uyida ashula aytishga kelgandi. Biroq baxshi Qudratilla boyning rad javobini esidan chiqarmagandi. Boyning yoqasidan tutib, uni yer bilan yakson qilishga ham tayyor edi. Ammo bu toʻyda bor hunarini ayamay qoʻshiq aytishni diliga tukkandi. Baxshi bugun uzoq qish kechasi bilan Tursunoyning yonida ashula aytishi, uning har bir soʻzi esa qizning qulogʻida jaranglashi kerak edi. Bu baxshi uchun katta baxt edi. Ana shu baxt ham unga kuch-quvvat berardi. Bola baxshi kelib, hech narsa boʻlmaganday Qudratilla boy bilan ixlos-la salomlashdi. Toʻy bilan boyni qutladi. Boy ham goʻyo hech nima boʻlmaganday sogʻliq-omonlik soʻradi va uni baxshi uchun maxsus tayyorlab qoʻyilgan uyga taklif etdi. Olov yoqilib, dasturxon yozildi. Dastyorlar darrov choy-non olib kelishdi.

Peshinga yaqin kutilgan mehmonlarning barchasi keldi. Uy oldidagi maydon odamga liq toʻldi. Oʻrtaga olov yoqilgandan soʻng u yerga baxshini chaqirishdi. Bola baxshi burgutday toʻrt tomonga qarab gʻijjakchisini ergashtirib, unga atalgan joyga borib oʻtirdi. Qoʻshiq aytish boshlandi. Kunduzgi ashula shunchaki nomiga aytilgan qoʻshiqqa oʻxshardi. Uni odamlar tinglashardi, lekin kechqurungi ashula singari diqqat bilan eshitishmasdi. Yigʻilganlar oʻzaro suhbatlashardi, u-bu ishlari toʻgʻrisida tashvish qilib yurishardi. Baxshi esa faqat uni diqqat bilan koʻrinmasdan tinglab oʻtirgan aziz insoniga yetkazish uchun har bir soʻziga alohida ma’no yuklab kuylar edi. Bola baxshi ikki soatcha ashula aytgach, pahlavonlar kurash tushishdi, ot choptirildi, mehmonlar mehmonxonalarga boʻlindi. Kechqurungi ashula kun botgandan sal keyin boshlandi.

Kunduz kuni mehmonxonalarda dam olgan mehmonlar oʻzlari tushgan uy egalari bilan toʻyxonaga kelib, oldindan belgilab qoʻyilgan yerga joylashdilar. Quchoq-quchoq saksovul koʻtarib olgan yigitlar oʻtinlarni lovullab turgan olovning ustiga tashlashardi. Kichkina choy idishlarning soni ellikdan oshdi. Ular birpasda qaynardi. Damlangan choylar ketma-ket mehmonlarga berilardi. Baxshi ham qoʻshiq aytishni boshladi.

Avvalo past ohang soz bilan yoʻgʻrilib, odamlar orasiga suvning qumga singishi singari tarqala boshladi. Vaqt oʻtishi bilan dutor va gʻijjakchining torlari baland yangrab, Bola baxshining ovozi yana yuksakliklarga koʻtarila boshladi. Ikki soatcha ashula aytilgach, bir basavlat yoshulli oʻrtaga chiqib, baxshining oldiga katta oy suratli roʻmolini yoyib qoʻydi.

Baxshiga pul tashlash boshlandi:
— Omon oʻgʻli Qoracha toʻrt chervon!
— Qurbon burun bir boʻtaloqli tuya!
— Ahmad sariq bir qoʻzili qoʻy!
— Safar yogʻlining oʻgʻli oʻn botmon bugʻdoy!
— Durdi alasha besh chervon! — deb aytilgan soʻzlar ashula, qoʻshiq satrlarining orasidan eshitilib turdi. Bola baxshi joʻshib qoʻshiq aytardi, yoshullining tovushi ham uzilmasdan davom etib turdi.

Tursunoy oldin ogʻilxonaga bordi. Oʻzi yasagan teshiklardan Bola baxshining dutor chalayotgan nozik, kelishgan barmoqlarini, suvday toʻlqinlanib turgan telpagini, qizning nigoxini oʻziga tortib turgan chiroyli qiyofasini uzoq kuzatdi. Qiz baxshini kuzatar ekan, yuragi tez-tez urardi. U goh oʻtirar, goh oʻrnidan turib ketardi. Keyin u bahorgi ayvonga chiqib, baxshini yaqinroq masofadan eshita boshladi. Tevarak-atrofidagi dugonalarining ayrimlari qizning holatini koʻrib, hayron qolishardi. Lekin uning oʻziga hech narsa deyishmasdi. Uning atrofidagi boshqa qizlar esa Bola baxshining kelishgan qomati va chiroyli qiyofasiga oshiq boʻlishib, Tursunoyni ham, boshqa narsalarni ham esidan chiqarishgan edi.

Baxshiga sovgʻa-salom berayotganlarning nomini aytib yurgan gavdali oqsoqolning ovozi kamroq eshitila boshladi. Keyin butunlay eshitilmay qoldi. Shu vaqt baxshiga choy tutib, boshqa xizmatlarni ham bajarib yurgan yoshulli odamlarga qarab:
— Dostonga oʻtilsa, qanday qaraysizlar? – dedi.
— Juda yaxshi taklif!
— Rozimiz, doston eshitaylik!
— Qaysi dostonni eshitishni istaysizlar?
— Baxshining oʻzi aytaqolsin!
— Men xizmatingizdaman. Qanday dostonni xohlasangiz, oʻshani aytaman.

Koʻpchilik orasidan:
— Najab oʻgʻlon! Najab oʻgʻlon!.. — degan tovushlar eshitildi.
— Odamlar, tinglang unda Najab oʻgʻlonni! — deb Bola baxshi dostonni boshladi.

Yigʻilgan xaloyiqning koʻzi, qulogʻi, butun vujudi oʻrtada yangi tugʻilgan oy singari tevaragiga goʻzal qoʻshiq, yoqimli ohanglar orqali «nur» tarqatayotgan Bola baxshiga qaratildi. Shu atrofda Tursunoyning ham qoʻshiq eshitib oʻtirganini his qilgan baxshining kuylashini hech nima bilan qiyos qilib boʻlmasdi. Muxlislarning koʻpchiligi doimo tinglab yurgan baxshilarida qandaydir bir koʻtarilish paydo boʻlganini sezdilar. Soʻzlashmay bir-birlarining yuzlariga ma’noli qarab oldilar. Baxshi esa joʻshib kuylardi. U qizishib, baland ohanglarda qoʻshiq aytardi.

Qizning tinchligi buzildi. U uyga kirdi-da, tugunlarning ichiga solmay, alohida qoʻygan ikki koʻylagini olib, qoʻltigʻiga qisdi. Keyin esa bahorgi ayvonga qaytib keldi. Soʻngra kelin-qizlarning orasidan Oqqizni topib, bir chekkaga tortdi.
— Yangajon, yaxshi-yomon gap aytishgan boʻlsak, koʻnglingizga olmang.

Oqqiz ilon chaqqanday sakrab tushdi:
— Bu nima deganing, jonim?
— Eh, yuragim qisib boryapti. Yangamni bir koʻray dedim-da.

Oqqiz bu javobga ishonmadi:
— Toʻgʻrisini gapir, jonim. Meni aldama.

Tursunoy gʻamgin jilmaydi:
— Men sizni aldamayman, yangajon. Sizni yaxshi koʻraman. Mening aytganlarimga ishonavering. Mayli, endi siz ishlaringiz bilan boʻlavering. Men biroz baxshini tinglayman,

Oqqiz gʻamgin ohangda dedi:
— Jonim, shu baxshi boshingga yetmasa boʻldi, sening!
— Yetmaydi, yangajon. U yaxshi odam...

Qiz yana ayvonga keldi. Birpas baxshining kuylashiga quloq solib turdi. Birdan uning vujudi yengillashdi. Fikrlari oydinlashdi. Ruhi koʻtarildi.

Xuddi shu payt Bola baxshi ham dostonning oʻrtasidan oʻtdi. U gʻijjakchiga imo qildi-da, uni qoʻshiqqa joʻr etib, «Bu dardni» degan qoʻshiqni aytishga kirishdi. Yigʻilganlarni yoqimli, ammo gʻalati bir kayfiyat chulgʻab oldi. Lekin hech kimdan sado chiqmasdi. Hech kim gap nimadaligiga tushunmasdi.

Baxshi boshidanoq qiyoslab boʻlmaydigan baland, shirali ovoz bilan shu satrlarni muxlislariga baxsh eta boshladi:

Sayr ayladim, kezdim ishqing togʻidan,
Ne balodir, kim chekar, bas, bu dardni?
Ishq togʻin ossalar koʻkning boʻynidan,
Koʻk titraydi, koʻtarolmas bu dardni.

Tursunoy bir-ikki qadam oldinga surildi. Dugonalarini qoʻllari bilan bir chetga surib, yana uch-toʻrt qadam oldinga yurdi.

Bola baxshi qoʻshiqning ikkinchi toʻrtligiga oʻtdi:

Ishq asar etmasa yonmas chiroqlar,
Ishqqa tushsa, boʻri ingrar, qush yigʻlar.
Egilar haybatli, quvvatli togʻlar,
Toshlar erir, cheka bilmas bu dardni.

Odamlar nima boʻlsa-da, biror hodisaning yuz berishidan xavotir qilganday sergak torta boshladilar. Chunki baxshining bu xildagi qoʻshiq aytishi kutilmagan bir holat edi. Bola baxshi boshqarib boʻlmaydigan asov otning ustida oʻtirgandek oʻz ixtiyorini qoʻldan chiqazgan edi. «Hech boʻlmasa, dostonning orasida oʻz sevgimni yana bir bor anglatay» degan maqsad bilan u yurt ichida asrlar davomida urf boʻlib kelayotgan chegaradan chiqdi. Uning maqsadi ushbu qoʻshiqni aytib, oʻz xayolida Tursunoy bilan gaplashgisi, soʻngra dostonni davom ettirmoqchi edi.

Baxshi shu choqqacha koʻrilmagan koʻtarinkilik bilan:

Kimdir ishqning yukin tortgan mardona! –

deb, qoʻshiqning uchinchi bandini boshlaganda, bahorgi ayvon tarafdan:
— Men shu ishqning yukin tortgan mardona! – degan ayol kishining tiniq ovozi eshitildi. Bu tovush quloqlariga yetgan keng maydondagi odamlarning yelkalariga igna sanchilganday, jimirlab ketdi. Shu payt bahorgi ayvon tomondan qizil olov singari bir qiz oʻrtaga chiqdi. U hech kimga va hech tarafga qaramasdan toʻgʻri Bola baxshining yoniga keldi:
— Men shu ishqning yukin tortgan mardona! – deb, qizil gulday yal-yal yashnab oʻzini baxshining bagʻriga tashladi. Kishilar duv etib oʻrinlaridan turishib, baxshi tomonga surildilar. Oʻsha onning oʻzida:
— Qoʻllaringdan nima keldi, haromzodalar! — degan qichqiriq xaloyiqning tepasida yangradi.

Bu tovush Qudratilla boyning oʻgʻillariga qarata nafrat bilan barala aytilgan haqoratomuz sas edi. Ketma-ket uch marta oʻq ovozi eshitildi. Oʻqlar Bola baxshining oldidagi choynak-piyolani, qoʻlidagi dutorini gʻijjakchining gʻijjagini tilka-pora qildi. Odamlar boyning oʻgʻillarini tutib, qoʻllaridan miltiqlarini oldilar. Kunbotar tomondan eshitilgan miltiq ovozi ikki odamni yarador qildi. Uni ham darhol tutishdi. Kishilar baxshi bilan qiz halok boʻlgan boʻlsa kerak deb, afsus qilishib, bir-birlarini turtishib, oldinga intilishdi. Biroq Bola baxshi bilan Tursunoy bir-birining qoʻllarini tutishib, xaloyiq oldida bayroq kabi boʻy-bastida tikka turishardi.