OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBekpoʻlat Baxtiyor
Asar nomiJannatim - Onam (she’rlar)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Bekpoʻlat Baxtiyor
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotTafakkur nashriyoti, Toshkent, 2016
Hajm89KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2016/08/01
ManbaMuallif ruxsati bilan


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Jannatim - Onam (she’rlar)
Bekpoʻlat Baxtiyor

Qalb Ehtiromi

Istiqlol yillarida yoshlar masalasiga juda katta e’tibor berilyapti. Buni adabiyotda ham yaqqol koʻrishimiz mumkin. Muhtaram Yurtboshimiz “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” nomli risolalarida bir qator zaruriy tavsiyalarni berganlar. Jumladan, “iste’dod, iste’dod va yana bir bor iste’dod sohiblarini topish, tarbiyalash va ularning mehnatini munosib qadrlash eng asosiy vazifamizga aylanishi zarur”ligini ta’kidlaganlar. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi ana shu tavsiyalardan kelib chiqib, bir qator ishlarni amalga oshiryapti. Har yili Doʻrmon ijod uyida “Iste’dod maktabi” seminari oʻtka- 3 zilyapti, iqtidorli yoshlar ustozlardan saboq olib, bilimini oshiryapti, mashqlari va intilishlari bilan ustozlar nazariga tushyapti. Mana shu jarayonda saralab olingan yoshlarning birinchi kitoblari katta adadlarda davlat hisobidan chop etilib, yurtimizdagi barcha oʻquv dargohlari va kutubxonalarga bepul tarqatilyapti. Bu yoshlarga katta ilhom, zavq-shavq berishi shubhasiz. Chunki e’tibor va ragʻbat ijod ahliga katta kuch-gʻayrat bagʻishlaydi.

Uyushma qoshida tashkil etilgan toʻgaraklarda esa yangi iste’dodlar kashf etilyapti. Bekpoʻlat Baxtiyor ana shunday yoshlardan.

Qoʻlingizdagi toʻplam yosh shoirning uchinchi kitobi. U ushbu she’riy guldastasiga “Jannatim – onam” deb nom qoʻyibdi. Darhaqiqat, ona ulugʻ zot. Hazrat Navoiy ta’biri bilan aytganda:

Onalar oyogʻi ostidadur
Ravzayi jannatu jinon bogʻi.
Ravza bogʻi visolin istar esang,
Boʻl onaning oyogʻin tuprogʻi.

Onani e’zozlagan, xizmatini qilgan kishi elda izzat-hurmat topadi. Yosh shoirning ushbu toʻplami onaga qalb ehtiromidir:

Taskin berar, agarki biron gʻamdan ezilsam,
Irodasi togʻdek but, mudom hayratim – onam.
Biron ishga qoʻl urmoq uchun gohi oʻylansam,
Togʻdek aylar ishonchim, shahdu jur’atim – onam...
Omad menga qoʻl berib, er yigit baxtin bersa,
Duosidan kelar baxt, buyuk davlatim – onam.
(“Jannatim – onam” she’ridan)

Haqiqatan, onaning ishonchiday katta suyanch, uning mehri, qaygʻurishiday dalda yoʻq. Boshimizga baxt qushi ham shu zotning duolari sabab qoʻnadi.

Menda Bekpoʻlatga nisbatan hurmat hissini uygʻotgan yana bir jihat – yosh shoirning kamtarligidir. Ba’zan hayron qolaman. Ayrim yosh ijodkorlarda birdan kibr paydo boʻlib qoladi. Bu bilimsizlik, nodonlikdan boshqa narsa emas. Agar oʻzining butun yozgan-chizganini tarozining bir pallasiga, kibrini esa boshqa tomoniga qoʻysa, mashqlari johilona gʻururi oldida yuk bosmasligiga amin boʻladi. Ustozlarning e’tibori, tengdoshlarning e’tirofini hech qachon suiiste’mol qilmaslik zarur. Eskilarning: “Kamatarga kamol” degan gapida hikmat koʻp.

Bekpoʻlat hayotga yaxshi niyat, umid bilan qaraydi. Undan goʻzallik, yaxshilik axtaradi, boshqalarga ham shuni ilinadi. Qadimiy bitiklarda yozilganidek, insonga kerak boʻlgan eng muhim fazilatlar ana shu – ezgu niyat, ezgu soʻz, ezgu amal:

Hayotning azaliy hikmatidir bu,
Insonning oʻziga hurmatidir bu,
Shunchaki berilmas ragʻbatidir bu:
Sen kulsang, senga ham kular bu dunyo!
(“Sen kulsang” she’ridan)

Men Bekpoʻlatning she’rlari, ularning yaxshi-yomon jihatlari haqida gapirmayman. Ularga bahoni siz berasiz, aziz kitobxon. Bu yigit kamtarligi, gʻayrati bilan oʻquvchilarning ham hurmat-e’tiborini qozonadi, deb umid qilaman.

Iqbol MIRZO,
Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari


Tabarruk

Ey doʻst, istiqlol bergan davru davron tabarruk,
Ulugʻ zot sarbon boʻlgan odil karvon tabarruk.
Toʻrt faslini mukammal qilib qoʻygan tabiat,
Ey birodar, bizga shu goʻzal oshyon tabarruk.
Yurt koʻksini shamollar silar ajib havasda,
El yuzida iftixor, muborak shon tabarruk.
Quyosh sochar nurini ona mehriga qiyos,
Faqat musaffo boʻlsin, magʻrur osmon tabarruk.
Dasturxoning fayzidir shu yurtning ne’matlari,
Paxta, bugʻdoy, ipagu halol osh-non tabarruk.
Bugun yetti iqlimdan kelar ming bir sayyohlar,
Oʻzbek mudom mehmondoʻst, aziz mehmon tabarruk.
Ey tengdoshim, qandingni ur! Barcha yoʻllar bizniki,
Kelajakka ochiq yoʻl – qutlugʻ zamon tabarruk.


Tinchlik Makoni

Bugun dunyo boʻldi urush maydoni,
Nokaslar bir-birin toʻkadi qonin,
Yuraklarni ezar goʻdak figʻoni,
Shunday yurt bor, keldi buyuk zamoni,
Ming shukr, tinchlik oʻzbek makoni.
Duosiz boshlamas hech bir ishini,
Quyoshi erkalar hatto qishini,
Dovrugʻi osmondir oʻzbek oshining,
Shunday yurt bor, keldi buyuk zamoni,
Ming shukr, tinchlik oʻzbek makoni.
Mehmonnavoz erur dilxush suxandir,
Bir qarich yeri ham goʻyo gulshandir,
Kelajagi sari yoʻli ravshandir,
Shunday yurt bor, keldi buyuk zamoni,
Ming shukr, tinchlik oʻzbek makoni.
Tinchlikning qoʻlidan rizqin boʻlashgan,
Sahardan el-yurtga oshin ulashgan,
Shoiru hofizi madhin kuylashgan,
Shunday yurt bor, keldi buyuk zamoni,
Ming shukr, tinchlik oʻzbek makoni.
Aziz yurt egasi qoʻllar avlodin,
Mudom yod etadi ming bir ajdodin,
Hech nega zor etmas murgʻak zuryodin,
Shunday yurt bor, keldi buyuk zamoni,
Ming shukr, tinchlik oʻzbek makoni.


Elim Bu!

Duosidan bezab koʻngil chamanin,
Qadrin bilib diydorining har damin,
Bir-bir roʻyob etayotur bor kamin.
Keksalarin e’zozlagan elim bu!
Duosini olmay ishi boshlanmas,
Ular borki, koʻngil gʻamdan gʻashlanmas,
Bir dam oʻzin yakka-yolgʻiz tashlanmas,
Keksalarin e’zozlagan elim bu!
Bugun baxtli oʻzbek elin farzandi,
Koʻz qorasi begʻubor shakar-qandi,
Oʻy-xayoli gʻam tashvishga emas bandi,
Farzandlarin ardoqlagan elim bu!
Ilmu fandan oʻsayotur kamoli,
Aslo tegmas gʻurbatlarning shamoli,
Oydek qizlar oʻzbek yurtin jamoli.
Farzandlarin ardoqlagan elim bu!
Har kunimiz bayram musaffo osmon,
Ezgu niyat dilda shahdimiz ravon,
Ortda qoldi ming bir mashaqqat dovon,
Qadryatlar qadr topgan elim bu!
Bahor kelsa doshqozonda sumalak,
Yomgʻir yogʻsa, kulib turar kamalak,
Oy qizlarning sochlari hur jamalak,
Qadryatlar qadr topgan elim bu!


Vatan Uchun

Vatanning koriga yelib yurmasak,
Vatan tuprogʻini sajda bilmasak,
Vatan deb yigʻlabu, u deb kulmasak,
Dunyoga ne uchun keldik, ey doʻstlar?!
Ish bitmaydi faqat nomin sotgandan,
«Vatan» deb bagʻrida yalqov yotgandan,
Hazar qilmay unga toshlar otgandan,
Dunyoga ne uchun keldik, ey doʻstlar?!
Ota ham, ona ham Vatandir, axir,
Har yoning gullagan chamandir, axir,
Nomard boʻlib nonin aylasak taxir,
Dunyoga ne uchun keldik, ey doʻstlar?!
Oʻzganing qoʻliga qaram boʻlganlar,
Bir kuni sindirar qalam boʻlganlar,
Oʻz yurtin sha’niga alam boʻlganlar,
Dunyoga ne uchun keldik, ey doʻstlar?!
Jonimiz bir bora qilmasak nisor,
Vatan ham ba’zidan boʻlsayu bezor,
Ba’zi bir gumrohlar, sizga savol bor:
Dunyoga ne uchun keldik, ey doʻstlar?!
Hurlikka shukrni qilmangiz kanda,
Yashaymiz ozodu obod Vatanda,
Vatan deb yashaylik to jon bor tanda,
Dunyoga shu uchun keldik, ey doʻstlar?!


Oʻzbegim (Sonet)

Osoyishta hayot tinchlik sururi,
Ozodlik, obodlik koʻngildan boshlar.
Millatda erkinlik hurlik gʻururi,
Ertaning egasi – bugungi yoshlar!
Dunyo maydonida ildam qadamlar,
Oʻzligin namoyon yetmoqda oʻzbek.
Tantana ulashur har baxtli damlar,
Orzular roʻyobin quchmoqda oʻzbek!
Bobolar, momolar ruhi shod boʻldi,
Qir-adir chamanlar gulobod boʻldi.
Oʻzbegim hur, ravon izliging yaxshi!
Oʻzbegim mardona soʻzliging yaxshi,
Dunyo ahlin bunda mudom lol etar,
Oʻzbegim koʻz tegmas oʻzliging yaxshi!


Davr Bizniki, Marra Bizniki

Kel, doʻstim, qoʻlni tutaylik birga,
Mushkul yoʻq endi yetmoqlik sirga,
Vatan sevgisin joylaylik dilga,
Davr bizniki, marra bizniki.
Ona yurt bizga berar mudom qoʻl,
Yurtboshim ochib dedi: senga yoʻl,
Gʻaflatni yengib kuch gʻayratga toʻl,
Davr bizniki, marra bizniki.
Dunyo lol qolsin koʻrib shahdimiz,
Ulugʻ siymolar dilda faxrimiz,
Porlasin, doʻstim, tole-baxtimiz,
Davr bizniki, marra bizniki.
Kelajak avlod izdoshlarimiz,
Bu yurt dilbandi koʻzu qoshimiz,
Yuksaklik quchsin aziz boshimiz,
Davr bizniki, marra bizniki.
Hushimiz olmay turli illatlar,
Gʻayrat-la joʻshsin cheksak zahmatlar,
Shu yurtga bizdan kelsin rahmatlar,
Davr bizniki, marra bizniki.


Vatan Deya Uradi Yurak

Istiqlol – bu porloq kelajak,
Osmon uzra hurlik kamalak.
Ajib shu his qonimizda jo,
Vatan deya uradi yurak.
Har bir hovuch tuprogʻi aziz,
Poyin oʻpsak, yaprogʻi aziz,
Ardoqlasak, ardogʻi aziz,
Vatan deya uradi yurak.
Shu yurt erka farzandiman men,
Koʻzu qoshi dilbandiman men,
Jon rishtasi payvandiman men,
Vatan deya uradi yurak.
Kezay qancha qiru dalangni,
Ulgʻaydim men eshtib allangni,
Yuksak aylay men ham gʻallangni,
Vatan deya uradi yurak.
Koʻzim ochsam koʻzimda vatan,
Madhing aytsam soʻzimda vatan,
Har tuprogʻing izimda vatan,
Vatan deya uradi yurak.
Vatan ichra vatandir oilam,
Chaman ichra chamandir oilam,
Onayu yor jonajon olam,
Vatan deya uradi yurak.
Tomirimda ajdodlar qoni,
Dildan oʻchmas buyuklar shoni,
Satqa boʻlsin bir oʻgʻling joni,
Vatan deya uradi yurak.


Seni Aytardim

Hur yurtim, magʻrurlik senga yarashar,
Buyukliging bugun tan oldi bashar,
Koʻrkingni koʻrganda havasim oshar,
Jannatni soʻrsalar, seni aytardim.
Mukammal erurdur har kelar fasling,
Tarixda oʻchmasdir zarhalli asring,
Oʻzligin yoʻqotmas mana shu asling,
Jannatni soʻrsalar, seni aytardim.
Serquyosh oʻlkasan yetti iqlimda,
Bogʻlaring gullagan oʻngu soʻlimda,
Asraysan har doim yurar yoʻlimda,
Jannatni soʻrsalar, seni aytardim.
Balki sen haqingda ta’rifim kamdir,
Bir gulxan boʻlolmas goʻyo bir shamdir,
Sening bu bagʻringda eng baxtli damdir,
Jannatni soʻrsalar, seni aytardim.
Bekpoʻlat farzanding bagʻringda baxtli,
Buyuklar panohi sababi ahdli,
Kelajak avloding ham toju taxtli,
Jannatni soʻrsalar, seni aytardim.


Buyuklar Panohi

Ey gʻanim, ming bora oting toshingiz,
Ming bora bu yurtga suqing boshingiz,
Oxiri tugaydi but bardoshingiz,
Buyuklar panohi qoʻllaydi bizni.
Necha bor yoʻlimiz poylang tuzoqda,
Bizga yaqinsizmi yoki uzoqda,
Baribir, qolasiz bir kuni dogʻda,
Buyuklar panohi qoʻllaydi bizni.
Jannat makon oʻlka gʻamlardan olis,
Qatra-qatra koʻz namlardan olis,
Shukr hisin dildan qoʻymaydi bois,
Buyuklar panohi qoʻllaydi bizni.
Oʻzimizga bekmiz mustaqil qaror,
Har bir ishimizda omad bizga yor,
Bizni yengolmaydi fitna va terror,
Buyuklar panohi qoʻllaydi bizni.
Yurtboshim elini suygani sabab,
Elim deb, yurtim deb kuygani sabab,
Vatan muhabbatin tuygani sabab,
Buyuklar panohi qoʻllaydi bizni.


Koʻrdim

Dunyoga kelib, doʻstlar, roʻyi jahonni koʻrdim,
Bu dunyo bisotidan yaxshi-yomonni koʻrdim.
Ota quyosh boshingda ona oydir koʻnglingda,
Shu ikki zot bor ekan dardga darmonni koʻrdim.
Derlar tarix beshafqat zulmi qolgan qanchalar,
Bu mustaqil Vatanda hurlik zamonni koʻrdim.
Yetti yoshdan yetmish yosh qadri aziz oʻzgacha,
Istiqloldan shodumon ahli insonni koʻrdim.
Ming shukr demoq joiz tinchlik oʻzbek makoni,
Shukrona dilda bois sogʻliq-omonni koʻrdim.


Shukrona

Oramizda shunday insonlar borki, ular topgantutganidan doimo nolib yashaydilar, topayotganlariga qanoat qilmay musofirlik gardanini boʻyinlariga ilib oʻzga yurtlarda vatandan uzoqda kun koʻradilar, ammo, ming afsuski, aksariyat shunday odamlar qoʻllariga oz muncha daromad tushsa gʻanimlarning fitna gʻoyalariga uchib oʻzi tugʻilib oʻsgan vatanlarini sotib, sha’niga turli boʻhtonlar yogʻdirib dillarga gʻulu solmoqda.

Atrofga bir boqing, qaysi yurtda bundayin ozodlikni, obodlikni, tinchlik xotirjamlikni moʻlkoʻlchilikni topish mumkin, biz bularga shukrona hissi bilan yashashimiz ham farz, ham qarzdir.

Ming shukur omondir tanu jonimiz,
Moʻl-koʻldir har hosil bugʻdoy-nonimiz,
Baxtlarga toʻlmoqda har bir onimiz,
Koʻnglimiz gʻamlardan forigʻ emasmi?
Shukrona qilmasak, uyat boʻlmasmi?!
Dunyoga boqsangiz, jaholat domi,
Tongida fayz yoʻq, tinchlik yoʻq shomi,
Farzandlar koʻzidan arimas nami,
Nahotki, koʻzingiz shuni koʻrmasmi?
Shukrona qilmasak, uyat boʻlmasmi?!
Uzoqda doʻndirib goʻyo bir ishin,
Vatanga yogʻdirib fitna, mish-mishin,
Ey nonkoʻr, tanlama nomardning ishin,
Bobolar goʻrida betinch yotmasmi?
Shukrona qilmasak, uyat boʻlmasmi?!
Kecha kim edigu, bugun kim boʻldik?!
Musaffo osmonda oy kabi toʻldik,
Tuzin ichib yurting nima ham qildik,
Vijdoning bir bora oʻylab koʻrmasmi?
Shukrona qilmasak, uyat boʻlmasmi?!
Oʻzingcha «oqillik» bisotin oʻqib,
Oʻz yurting, yurtdoshing koʻzlarin choʻqib,
Bilmay botmoqdasan gunohga choʻkib,
Oʻzingga oʻzingning rahming kelmasmi?
Shukrona qilmasak, uyat boʻlmasmi?!
Bir bora shukrona hissini tuysang,
Vatan deb jon dildan yoniblar kuysang,
Bundan-da ortiq baxt bormikan, bilsang,
Toleing yanada porloq kulmasmi?
Shukrona qilmasak, uyat boʻlmasmi?!
Ming shukurki omondir tanu jonimiz,
Moʻl-koʻldir har hosil bugʻdoy-nonimiz,
Baxtlarga toʻlmoqda har bir onimiz,
Koʻnglimiz gʻamlardan forigʻ emasmi?
Shukrona qilmasak, uyat boʻlmasmi?!


Borliqsiz, Ona…

Jon desam, agar sizni jonimdan ham ortiqsiz, ona,
Bu hayot siylab bergan jonu jahon tortiqsiz, ona.
Dil koʻshkingiz begʻubor, nozik nihol, lola, gʻunchadek,
Mendan kelar shirin soʻz, e’tiborga intiqsiz, ona.
Sizsiz axir men hech kim qaydan buncha viqor magʻrurlik,
Sochdan tovonimgacha baxt shodlikga bogʻliqsiz, ona.
Ruxsoringiz dilimni hargiz yoritadi nur kabi,
Yuragimni toʻrida oʻchmas muhr, yorliqsiz, ona.
Yoʻqdan meni bor qilib jondan oq tarab, oq yuvdingiz,
Dunyo yolgʻon boʻlsa ham menga chindan borliqsiz, ona.


Jur’atimdirsiz

Sabru matonatga mudom yorligim,
Eng ezgu ishlarda ildam borligʻim,
Saxovat egasi magʻrur orligim,
Onajon, siz mening jur’atimdirsiz.
Dard cheksam boshimni issiq kaft silar,
Har bir qadamingiz oʻylab bosilar,
Boʻyningizda gʻurur durdek osilar,
Onajon, siz mening jur’atimdirsiz.
Hech kimga oʻxshamas fikringiz teran,
Yurakdan chiqar soʻz zikringiz teran,
Har bir mushkullotda zehningiz teran,
Onajon, siz mening jur’atimdirsiz.
Shashtimni qaytarmas dovul-shamollar,
Siz borki hech kimga kelmay malollar.
Yosh koʻnglim navqiron qudratidirsiz,
Onajon, siz mening jur’atimdirsiz.
Bekpoʻlat Baxtiyor baxti shu erur,
Er yigit istagan taxti shu erur,
Dangal soʻzlarimning naqdi shu erur,
Onajon, siz mening jur’atimdirsiz.


Jannatim – Onam

Bu dunyoda, ey doʻstlar, shonu shuhratim – onam.
Kuch ila ruhim birla bitmas qudratim – onam.
Har soʻzidan taralar obi hikmat ifori,
Aziz ne’matlar aro ulugʻ ne’matim – onam.
Mehri bilan koʻnglimni qordek oppoq oʻstirdi,
Suvdek zilol hayotim shirin lazzatim – onam.
Shu yoshimda el ichra balki topdim hurmatim.
Neki boʻlsa beadad qadru qimmatim – onam.
Taskin berar, agarki, biron gʻamdan ezilsam,
Irodasi togʻdek but, mudom hayratim – onam.
Biron ishga qoʻl urmoq uchun gohi oʻylansam,
Togʻdek aylar ishonchim shahdu jur’atim – onam.
Sira menga baxt yoʻqki diydorining baxtidan,
Huzur joʻshqin qonimda omad, rohatim – onam.
Omad menga qoʻl berib, er yigit baxtin bersa,
Duosidan kelar baxt, buyuk davlatim – onam.
Bekpoʻlat Baxtiyorni Haqning oʻzi siylagan,
Bu dunyoyu, u dunyo birdek jannatim – onam.


Hayotimni Oʻzgartirdingiz

Onajon, sof mehringiz tarovatidan cheksiz hayotimni oʻzgartirdingiz.
Suyanchu tayanch boʻlib yosh ijodimda qarang bayotimni oʻzgartirdingiz.
Soʻzlarim koʻngillaring arzidan darak dovotimni oʻzgartirdingiz.
Muhabbatning madhida tinmay bong ursam ahyon dovotimni oʻzgartirdingiz.
Magʻrur uchmoqdamanki hayot osmonim toʻsiqlarim uchrabon yana yoʻq boʻlar,
Koʻzimni dunyolarga teran ocharman uchar qanotimni oʻzgartirdingiz.
Kimlargadir sir berib jondek doʻst bilib hushyor boʻl desangiz parvo qilmadim,
Vaqt ham oʻtib koʻzimni ochganda taqdir soʻzsiz isbotimni oʻzgartirdingiz.
Yoshlik qilaman-da gohida shoshib hissiyot aqlga boʻysinmay qolib,
Har ish oʻz fursatida boʻlmoq darkor deb sabru sabotimni oʻzgartirdingiz.
Ba’zi gʻanimlarning jabrin totganda koʻzimga dunyo ham tordek koʻringan,
Bolam odam asli turfa zot boʻlar deya najotimni oʻzgartirdingiz.
Siz mening ham onam, ham otamdirsiz koʻnglingiz hikmatlarning kitobi erur,
Sizdan barcha zehnu irodam butun yoshlik savodimni oʻzgartirdingiz.


Gulruxsorimsiz

Dard yutsam dardimga dil nisorimsiz,
Chiroyda tengi yoʻq gulruxsorimsiz.
Mehringiz taftlari koʻnglim toshirar,
Niholman, yonimda bir chinorimsiz.
Matonat, adolat sizga shiordir,
Koʻngli qordek porloq begʻuborimsiz.
Mugʻombir hayotda men bir soddaman,
Dunyo bevafodir, vafodorimsiz.
Dunyoda qolmasa ishonmoq kishim,
Faqatki yonimda doʻstu yorimsiz.
Ba’zida hissiyot aqlga qarshi,
Zabonim titrasa, xokisorimsiz.
Peshonam taqdirning kulgan chehrasi,
Umrimning faslida gulbahorimsiz.


Gunohimdan Keching, Onajon!

Men deb koʻnglingizga tugulgan tugun iplarini yeching, onajon,
Gohida bagʻritosh farzand boʻldim-ku gunohimdan keching, onajon!
Ayting, qachongacha hasratga solib, yuragingiz oʻyib yuraman?
Endi bir umr hayot gashtidan shodlikning suvin iching, onajon!
Hayotda har nega koʻnib yashaysiz, lek koʻnmaymiz mendan gʻam kelsa,
Hasratlar toʻnini endi kiymangiz shodlik toʻnin biching, onajon!
Besh kunlik hayotda fursat oʻtadi, gʻanimat ekansiz angladim shuni,
Bagʻringiz taftidan voyaga yetdim bagʻrimni sovitmay quching, onajon!
Armonlar girdobi tortganda oʻzga koʻzingiz yoshlab qoʻyganda taqdir,
Bir umr yonimda boʻlib sogʻ-omon koʻnglimga nurlar soching, onajon!
Gʻam-anduh koʻksingiz tigʻlasa agar koʻnglingiz bilmay ogʻritib qoʻysam,
Hayot yoʻllarida xatolar qilsam gunohimdan keching, onajon!


Mening Baxtim

Baxt, boyligu shuhratda emas,
Bir kun ketar davlatda emas,
Oʻzga topgan ragʻbatda emas,
Mening baxtim – mehribon onam.
Koʻzim dunyo ravshan koʻrgani,
Zabon bordir savol soʻrgani,
Taqdir menga kulib turgani,
Mening baxtim – mehribon onam.
Rizqim bekam duolaridan,
Koʻzim yashnar ziyolaridan,
Xonish boʻlay navolaridan,
Mening baxtim – mehribon onam.
Arzim yoʻqdir dunyo ishidan,
Sovuq koʻrmay uning qishidan,
Farqim yoʻqdir baxtli kishidan,
Mening baxtim – mehribon onam.
Soyam boʻlib yurar xayoli,
Xato qilsam kelmas maloli,
Hayotimning gulgun iqboli,
Mening baxtim – mehribon onam.


Farzandlik Ahdim

Koʻzim yetmoqdadir oydinlik sari,
Gʻamlardan bir umr aylabon nari,
Boshingizga yogʻib shodliklar zari,
Men sizni baxtiyor qilaman, ona!
Bilaman armonli dunyo yoʻli tor,
Koʻksingiz uzra men gʻurur ila or,
Jonim joningizga qiliblar nisor,
Men sizni baxtiyor qilaman, ona!
Shunchalar boʻlarmu bir ona mehri,
Koʻngilni yupatar soʻzlarin sehri,
Shunga yetsa agar oʻgʻlingiz zehni,
Men sizni baxtiyor qilaman, ona!
Ta’na yoʻq soʻzimda takalluf ham yoʻq,
Dilingiz oʻymagay dushman otgan oʻq,
Meni kelajakdan ishonchim ham toʻq.
Men sizni baxtiyor qilaman, ona!


Onam Nigohi

Onajon, shodliklar sizga yarashar,
Tabassum quvnasa dudogʻingizda.
Goʻyoki men ila birga qarashar,
Dunyoni koʻraman nigohingizda.
Aytaman rostini ba’zan soddaman,
Xatolar qilaman guvohingizda.
Koʻnglingiz qasrida bir shahzodaman,
Dunyoni koʻraman nigohingizda.
Bu nigoh ichida ming bir sinoat,
Aksini koʻrsatar ruxsoringizda.
Bu nigoh Allohim yaratgan san’at,
Dunyoni koʻraman nigohingizda.
Siz mening bir tanu bir jonimdirsiz,
Quyoshning tafti bor quchogʻingizda.
Ruhimda madadkor tanda qonimsiz,
Dunyoni koʻraman nigohingizda.


Meni Uyda Onam Kutadi

Ishga shoshib ketaman doim,
Tong otgandan kunim botadi.
Dilda ajib shodlik muloyim,
Meni uyda onam kutadi.
Yigit kishi koʻchanikidir,
Turfa yumush qoʻlin tutadi.
Xoh ertayu, xoh qoq kechqurun,
Meni uyda onam kutadi.
Kunim oʻtar shu xayol bilan,
Gohi sabrim toshib ketadi.
Kelsam hamki ming malol bilan,
Meni uyda onam kutadi.
Koʻzin yoʻlda qaratib qoʻyib,
Ming bir xayol zahrin yutadi.
Kech kolsamu sogʻinib kuyib,
Meni uyda onam kutadi.


Sizga Oʻxshagim Kelar

Oʻzbekiston Qahramoni, buyuk jasorat sohibi,
professor, ustoz Ozod Sharofiddinovning
yorqin xotirasiga
Yurt uchun, xalq uchun yashasa inson,
Ulugʻ zot, men sizga oʻxshagim kelar.
Matonatdan bogʻdek yashnasa inson,
Ulugʻ zot, men sizga oʻxshagim kelar.
Ma’rifat boʻstonin bogʻbon gulchisi,
Adolat, haqlikning sodiq kuychisi,
Adabiyot nazlin bir kuyinchisi,
Ulugʻ zot, men sizga oʻxshagim kelar.
Ilmu fan kaftidan tinmay suv ichgan,
Ijod deb tunu kun oromdan kechgan,
Adabiyotni oʻz naslidek quchgan,
Ulugʻ zot, men sizga oʻxshagim kelar.
Ismingiz dillarda mangu barhayot,
Soʻzingiz sogʻinar qalamu dovot,
Bu sizga mehrimdan yaralgan bayot,
Ulugʻ zot, men sizga oʻxshagim kelar.


Dunyoda Otamdek Aziz Ustozim

Men uchun qadrli boʻlgan inson – ustozim,
Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoga
Yurakdan armonlar zanjirin uzib,
Koʻnglimga kirdingdiz daryodek suzib,
Ketmoqdaman mana oʻzimdan oʻzib,
Madhingiz kuylashga charchamas sozim,
Dunyoda otamdek aziz uctozim.
Soʻzlagan soʻzingiz otash misoli,
Porlagan koʻzingiz quyosh misoli,
Men uchun sizda bor otam timsoli,
Baralla aytayin joʻshib ovozim,
Dunyoda otamdek aziz uctozim.
Hayajon bosadi jismu jonimni,
Soʻzlarga boyitib ijod konimni,
Siz ila topdim shavkat-shonimni,
Mehringizdan yuksak bugun parvozim,
Dunyoda otamdek aziz uctozim.
Oʻgʻlim deb, mehrimni tuygan insonsiz,
Dard yutsam dadrdimga kuygan insonsiz,
Farzandim deb bu xalq suygan insonsiz,
Ijod boʻstonida hargiz jonbozim,
Dunyoda otamdek aziz uctozim.


Togʻajon

Abdurahmon togʻamga
Otasiz oʻsdim-da gohi oʻksinib,
Ming bora sinovga duch keldi, bu jon.
Sizlar bor baxtimga, ketmadim sinib,
Donolar soʻzi bor sizda, togʻajon.
Har onda daldasiz biron gʻam kelsa,
Yashayman doimo sizga ergashib.
Bu dunyo jabridan koʻzga nam kelsa,
Koʻnglingiz anhordek ketadi toshib.
Mehringiz koʻnglimning ziynati erur,
Jon qadar azizman ardogʻingizda.
Borliginingiz hayotning ragʻbati erur,
Otalik mehri bor quchogʻingizda.
Suyanchiq erursiz menga beadad,
Qalbimning toʻrida, aziz jonajon.
Jismimda matonat, ruhimda madad,
Donolar soʻzi bor sizda, togʻajon.


Doʻstginam

Doʻstim Jahongirga
Shunchalar vazminu idroqli doʻstim,
Bu koʻngil toʻrida ardoqli doʻstim,
Mehrini ayamas qoʻnoqli doʻstim,
Doʻstginam, baxtimga sogʻ-omon boʻlgin.
Menga bergan ishonch gʻurur togʻimdir,
Koʻngil saroyimda chaman bogʻimdir,
Sen-la oʻtgan har dam zavqli chogʻimdir,
Doʻstginam, baxtimga sogʻ omon-boʻlgin.
Ota-onang baxtu kamoling koʻrsin,
Qizlaring sochini yorginang oʻrsin,
Senga baxt doimo yuzini bursin,
Doʻstginam, baxtimga sogʻ-omon boʻlgin.
Qariyalik gashtin birga suraylik,
Shunda ham yelkadosh birdam turaylik,
Mustaqil zamonning baxtin koʻraylik,
Doʻstginam, baxtimga sogʻ-omon boʻlgin.


Hayrat

Doʻstim Botirga
Gohida ma’yusan gohida xursand,
Ba’zan hislaring beradi-da pand,
Shunda ham yuraging ajiblikka band,
Sen qaydan olasan shuncha hislarni?!
Kimlardir ishonching paymol etsa ham,
Yosh sevgi, ishqingni zavol etsa ham,
Lek hayotga shashting boʻlmaydi hech kam,
Sen qaydan olasan buncha hislarni?!
Yuraging goʻyoki dunyo misoli,
Oqimga qarshi goh daryo misoli,
Orzularing bir-bir roʻyo misoli,
Sen qaydan olasan shuncha hislarni?!
Yorilmaysan darding oʻzingda qolar,
Yashirib soʻzlagan soʻzingda qolar,
Xiyonat nigohi koʻzingda qolar,
Sen qaydan olasan shuncha hislarni?!
Koʻngling shunday nozik gʻuncha loladek,
Sanam zulfidagi mayin toladek,
Hali ham begʻubor murgʻak boladek,
Sen qaydan olasan shuncha hislarni?!


Kel, Soʻzim Bor, Jon Doʻstim

Doʻstim Akbarxonga
Kel, soʻzim bor, jon doʻstim,
Bu koʻnglimda shon doʻstim.
Gohi bahor gohi qish,
Tugamas ekan tashvish.
Oʻtdi boʻydoqlik davri,
Shoʻxliklar qolib nari.
Mas’uliyatdan togʻ dilim,
Gullab, yashnab bogʻ dilim.
Vaqt oʻtmoqda yildayin,
Orzular ham nildayin.
Tarozi boʻlib chunon,
Chopmoqdaman har qayon.
Bilib hayot qadrini,
Pokla yigit ahdini.
Oila qursang eng avval,
Sabrli boʻl har mahal.
Oshma sira haddingdan,
Egilma bel qaddingdan.
Avvalo otam degin,
Mehribon onam degin.
Tarqoq boʻlmay xayoling,
Asra juftu haloling.
Bil koʻngilga ikki dil,
Boʻlinmasin oʻtib yil.
Qorin toʻymas havasdan,
Dil anglagin nafasdan.
Roʻzgʻoring – bu baxtingdir,
Er yigitlik taxtingdir.
Bu doʻstona maslahat,
Unutma, doʻstim, faqat.
Dono oila boshi boʻl,
Roʻzgʻorning tuz-oshi boʻl.


Aka-Uka Boʻlaylik

Ukam Avazga
Senga mehrim zoʻr tushgan,
Fe’l-atvorim qovushgan,
Goʻyo jigar, tugʻishgan,
Aka-uka boʻlaylik!
Bir-birimiz qoʻllagan,
Yaxshi yoʻlga yoʻllagan,
Baxt-iqboli gullagan,
Aka-uka boʻlaylik!
Boʻlib mudom yelkadosh,
Hasratlarga pok sirdosh,
Yaqindan ham jon qardosh,
Aka-uka boʻlaylik!
Xush fe’lingdan dil yayrar,
Suhbatingdan, qush sayrar,
Senga mehrim joʻsh urar,
Aka-uka boʻlaylik!
Boʻlgin mayli akam ham,
Erka boʻlib ukam ham,
Bu koʻnglimga bir sen kam,
Aka-uka boʻlaylik!


Sarvarbek

Jiyanim Sarvarbekka.
Poklikda asrabon omad-baxtingni,
Doimo but qilib yigit ahdingni,
Sulaymoni boʻlib toju taxtingni,
Ismingga munosib boʻlgin, Sarvarbek!
Ota-onang suyanch togʻi boʻl, ukam,
Koʻngil ardogʻining bogʻi boʻl, ukam,
Hayoting oʻtsin-da bearmon, bekam,
Ismingga munosib boʻlgin, Sarvarbek!
Fayzlar yogʻilsin gulgun yozingdan,
Shodliklar quvnasin durdek koʻzingdan,
Yaxshi nomlar qoldir faqat oʻzingdan,
Ismingga munosib boʻlgin, Sarvarbek!
Oʻzganing haqiga koʻzingni tushurma,
Rizq yegan joyingga aslo tupurma,
Boylik deb hech qachon chopib yugurma,
Ismingga munosib boʻlgin, Sarvarbek!
Eng odil sarbonlar boshi boʻl doim,
Tiling suxan boʻlsin, boʻlgin muloyim,
Shunda seni qoʻllar oʻzi Xudoyim,
Ismingga munosib boʻlgin, Sarvarbek!


Shubha Qilmagin

Har tarafdan kelsa turli shum fikr,
Pok nomimni bulgʻab aylashsa zikr,
Asli suyaksiz til qilichdan oʻtkir,
Doʻstim, doʻstligimga shubha qilmagin.
Qoʻlingni silkitib nari ket dema,
Ey doʻstim, hasadchi nonini yema,
Bu baytim sira ham emasdir shama,
Doʻstim, doʻstligimga shubha qilmagin.
Balki, yoʻlimizga qoʻyishsa tuzoq,
Oramizga tushsa qaydandir nifoq,
Men bilan har oʻtgan oʻtmishinga boq,
Doʻstim, doʻstligimga shubha qilmagin.


Mening Oilam

Bagʻrimda sokinlik havosi kezar,
Dilimda shodlik navosi kezar,
Oilam shu mening siyratim bezar,
Eng baxtiyor maskan mening oilam.
Ishdan shoshib uyga qaytaman doim,
Onam quyosh erur, yorginam oyim,
Har safar kutishar, kulib muloyim,
Eng baxtiyor maskan mening oilam.
Unda barcha shodlik kulgular toʻla,
Sof mehru muhabbat tuygʻular toʻla,
Yozgan har misramda urgʻular toʻla,
Eng baxtiyor maskan mening oilam.
Yelkamga yumushlar gʻaflatin ilsa,
Koʻcha-koʻy tashvishi dilimni tilsa,
Ogʻir soʻz demaslar yuzimdan bilsa,
Eng baxtiyor maskan mening oilam.
Koʻz ochib birinchi koʻrganim oilam,
Bolam deb erkalab turganim oilam,
Toju taxtim buyuk qoʻrgʻonim oilam,
Eng baxtiyor maskan mening oilam.


Maftun Bandaman

Koʻnglimni qoldirmoq boʻlmang, ey doʻstlar,
Gohida mahzunman, gohi xandaman.
Umidim soʻndirmoq boʻlmang, ey doʻstlar,
Men hayotga shunday maftun bandaman.
Undan koʻp umidim, orzular serob
Dildan ezgu niyat koʻymay kundaman.
Beumidlik bunda aylaydi xarob,
Men hayotga shunday maftun bandaman.
Birda yigʻlaturu birda kuldirar,
Ming shukur sogʻlom tan, sogʻlom jondaman.
Yoʻgʻimni bor etib, kamim toʻldirar,
Men hayotga shunday maftun bandaman.
Fe’limga yarasha qilaman tama,
Shukrim dilimda toki tandaman.
Sira ham hayotga qilmayman shama,
Men hayotga shunday maftun bandaman.


Bahor Mening Koʻnglimdan Boshlar

Oqib soylar yoz ham oʻtadi,
Xazon boʻlib kuz ham oʻtadi,
Sovuq, boʻron kez ham oʻtadi,
Bahor mening koʻnglimdan boshlar.
Qahratonga dosh berib doim,
Dilkoʻshkimda bezar chiroyim,
Tabassumim aylab muloyiim,
Bahor mening koʻnglimdan boshlar.
Hasratlarim yomgʻir boʻladi,
Toʻlib-toshib anhor boʻladi,
Kuch gʻayratga duchor boʻladi,
Bahor mening koʻnglimdan boshlar.
Orzularim gulgʻuncha boʻlib,
Turfa xayol avjida toʻlib,
Oʻz koʻnglimga anhorlar boʻlib,
Bahor mening koʻnglimdan boshlar.
Hissiyotim toʻldirib toshar,
Murgʻak qalbim yashnatib yashar,
Har bahorda zavqlarim oshar,
Bahor mening koʻnglimdan boshlar.
Tabiatga oshufta dilim,
Loluzabon aylabon tilim,
Baxt-shodlikka burkablar koʻnglim,
Bahor mening koʻnglimdan boshlar.


Oʻzim Bilan Suhbat...

Koʻngilda turli xil xayollar qolib,
Yurakni koʻp oʻyar savollar qolib,
Shaytonga oʻxshagan birovlar qolib,
Oʻzim bilan suhbat qilmasam boʻlmas.
Oydinlik kiritib ming bir gumonga,
Yanada poydevor qoʻyib imonga,
Mayli oʻxshatingiz telba insonga,
Oʻzim bilan suhbat qilmasam boʻlmas.
Nelarni koʻzlamoq erur orzuyim,
Kimlar shakar-qandu, kimlar ogʻuyim,
Beqarorlikga liq toʻldi dil uyim,
Oʻzim bilan suhbat qilmasam boʻlmas.
Sevgimning azobi yurakni nishlar,
Gohida qoʻlimni bevafo ushlar,
Koʻnglimni bir sirli xayollar tishlar,
Oʻzim bilan suhbat qilmasam boʻlmas.
Koʻnglimning koʻchasi loylanib ketdi,
Ishonchlar sirtmoqqa boylanib ketdi,
Afsus alam dilga joylanib ketdi,
Oʻzim bilan suhbat qilmasam boʻlmas.
Xolis sirdosh izlab koʻngil koʻshkimdan,
Oʻzim bilan suhbat qilmasam boʻlmas.
Metin bardosh izlab koʻngil koʻshkimdan,
Oʻzim bilan suhbat qilmasam boʻlmas.


Siz Yaxshi-Yu Biz Yomon

Mayli boʻling siz omon,
Tilamam rangi somon.
Xohlang qiling gʻiybatim,
Siz yaxshiyu, biz yomon.
Oting barcha oʻqingiz,
Soching zahar doʻqingiz.
Biz bosgan har iz yomon,
Siz yaxshiyu, biz yomon.
Tengingiz yoʻq jahonda,
Biz soʻzlagan soʻz yomon.
Insof boʻlsin insonda,
Siz yaxshiyu, biz yomon.
Suring kelgan davringiz,
Bizga kelgan kez yomon.
Boʻlsin yengil bagʻringiz,
Siz yaxshiyu, biz yomon.
Oling luqma-oshimni,
Keltiring koʻp gʻashimni,
Egolmaysiz boshimni,
Siz yaxshiyu, biz yomon.


Ona Koʻz Yoshi

Yigitning ham egilar boshi,
Gʻam-anduhning botadi toshi,
Dunyo goʻyo zulmatga oʻxshar,
Toʻkilsa gar, onang koʻz yoshi.
Mushtak joning har yonga chopar,
Turli oʻylar koʻnglingni qopar,
Tashqi dunyo pardasin yopar,
Toʻkilsa gar, onang koʻz yoshi.
Oʻzing bunda ayblab chunon,
Xayollaring boʻladi giryon,
Dilni chaqar nafratli chayon,
Toʻkilsa gar, onang koʻz yoshi.


Insoniy Hislar

Ey doʻstim, e’tibor bersak doimo,
Koʻngilni bosmaydi gʻuboru islar.
Zulmatli dil uyin aylaydi ziyo,
Har koʻngil baxtidir insoniy hislar.
Kimgadir yupanching bersa-yu dalda,
Oʻzinga qaytadi baxt boʻlib galda,
Hasatdan boʻlarmu farogʻat dilda,
Har koʻngil baxtidir insoniy hislar.
Havasdan hech kimni bogʻi soʻlmagan,
Navqiron shijoat chogʻi soʻlmagan,
Kalxatlarga toʻlgan togʻi boʻlmagan,
Har koʻngil baxtidir insoniy hislar.
Duodan yashnasa koʻngil chamani,
Osmonlarga uchsa orzu samani,
Oʻylab bosilmoqga bergan qadamni,
Har koʻngil baxtidir insoniy hislar.


Bugungi Imkon

Asrdan asrga oʻtadi zamon,
Hayot hikmatlarga boydir begumon.
Bugundan doir boʻl yaxshi ishlarga,
Kechadan paydodur bugungi imkon.
Mehnat ila rohat doʻstu yor boʻlar,
Harakat – barakat, yoʻqdan bor boʻlar,
Mehnatni qoʻlin tut ishing zoʻr boʻlar,
Kechadan paydodur bugungi imkon.
Omad oʻz-oʻzidan qoʻlin bermaydi,
Bogʻbon ham mehnatsiz hosil termaydi.
Doim shuni talab qilmoqda zamon,
Kechadan paydodur bugungi imkon.
Bugungi yeb turgan osh-tuzing asli,
Kechagi rizqingni davomiy nasli,
Insonga bogʻliqdir umrning fasli,
Kechadan paydodur bugungi imkon.


Beparvo

Zamonaning zayli deb,
Yursin davron sayli deb,
Endi yoshlik mayli deb,
Ota-ona beparvo.
Oʻgʻil bunda notovon,
Qiz yalongʻoch bosh ovon,
Ketaverar yoʻl ravon,
Ota-ona beparvo.
Boq toʻqlikga – shoʻxlikni,
Unutarlar oʻzlikni,
Sababi pul – jimlikni,
Ota-ona beparvo.
Kunu tunlar ish dardi,
Bahor oʻtib qish dardi,
Soʻng ortmasin dilgardi,
Ota-ona beparvo.
Farzand yurar kerilib,
Mol-dunyoga berilib,
Ortga boqmas qayrilib,
Ota-ona beparvo.
Bekpoʻlatga bu alam,
Tutqazgandir bir qalam,
Murgʻak dildan shu nolam,
Ota-ona beparvo.


Oʻzingdan Qochib...

Aybingni aytsalar, otiblar xanda,
Deysan-da koʻrolmas dunyoda banda,
Qachon manmanlikni qilasan kanda,
Oʻzingdan qochib ham qayga borasan?
Achchiq soʻz dilingni tilsa agarda,
Dushmaning siringni bilsa agarda,
Oʻzliging oʻzing fosh qilsa agarda,
Oʻzingdan qochib ham qayga borasan?
Oʻzingni oʻzingga eslatar soʻzing,
Koʻzguga boqqanda aksida yuzing,
Boshdan-oyoq guvoh shu ikki koʻzing,
Oʻzingdan qochib ham qayga borasan?
Haqiqat oʻldirmas inson zotini,
Kel, bir bor totib koʻr uning totini,
Oʻzga koʻngil eshitmas koʻngil dodini,
Oʻzingdan qochib ham qayga borasan?
Oʻzligin yoʻqotgan necha faromush,
Qaytadi yoʻlidan adashgandek qush,
Koʻngildan paydodir har obod turmush,
Oʻzingdan qochib ham qayga borasan?


Sen Kulsang...

Ey doʻstim, naqadar nolib yashaysan,
Oʻz koʻnglingni dardga solib yashaysan,
Bilmaysan, hayotdan qolib yashaysan,
Sen kulsang, senga ham kular bu dunyo!
Oʻylaysan oʻzingcha men bir omadsiz,
Hamma boydur, men-chi gʻoʻr daromadsiz,
Bunchalar nolimoq oʻy ila bandsiz,
Sen kulsang, senga ham kular bu dunyo!
Besamar, befoyda oʻzga bergan non,
Peshonangga bitmas «nasibadan» ton,
Oʻzi izlab kelar sen izlagan shon,
Sen kulsang, senga ham kular bu dunyo!
Hayotning azaliy hikmatidir bu,
Insonning oʻziga hurmatidir bu,
Shunchaki berilmas ragʻbatidir bu,
Sen kulsang, senga ham kular bu dunyo!


Munojot

Ey hayot, turfa ish-sinovlaring bor,
Gohida zulumkor qiynovlaring bor,
Oʻttizga kirmagan erkak sochida.
Dunyoni dardicha qirovlaring bor.
Mardni nomardlarga gado aylama,
Tubanlar sozida sado aylama,
Ayni umrining kuz fasli kelganda.
Erkakni yoridan judo aylama.
Belida kuch borki erkak zotini,
Boqgulik qilmasin uning xotini.
Toʻrt mucha salomat boʻlsa agarki,
Totmasin minnat osh, tuzu totini.
Ey hayot, Bekpoʻlat murojaati shu,
Erkakni ayolga muhtoj aylama.
Yosh shoir qalbing munojoti shu,
Erkakni yigʻlashga iloj aylama.


Ne Boʻldi Doʻstligimizga?

Holimni soʻrashing shunchalar mushkul,
Daydi xayollarim qiynaydi nuqul,
Bilmayman nelarni aylading maqul,
Doʻstginam, ne boʻldi doʻstligimizga?
Oʻrtaga tushdimu qaydandir nifoq,
Gʻanimlar soʻziga yoqdingmu chiroq,
Savollar behisob, javob yoʻq biroq,
Doʻstginam, ne boʻldi doʻstligimizga?
Oʻzingdan ortmayin qoldingmu yoki,
Gʻoʻr koʻnglimdan gina oldingmu yoki,
Meni qiynar gumon, javob yoʻq toki,
Doʻstginam, ne boʻldi doʻstligimizga?
Qaylarga qoldirding doʻstlik ahdini,
Bilmayin tutdingmi nomard taxtini,
Axir, doʻst oʻylaydi doʻstlik baxtini,
Doʻstginam, ne boʻldi doʻstligimizga?
Man ham bir aybdor, balki begumon,
Yuzingni qildimu bilmay za’faron,
Koʻzimga torlik qilmoqda jahon,
Doʻstginam, ne boʻldi doʻstligimizga?


Sodda Bolaman

Birda yigʻlab birda kulib qolaman,
Hayoting bagʻrida ungan lolaman,
Garchi magʻrur boʻlib yursam-da ammo,
Men hali ham gʻoʻru sodda bolaman.
Har soʻzga ishonib qolaveraman.
Juda ham osondur tushurmoq laqqa.
Gʻanimga ham quloq solaveraman,
Gohida aqlimni toʻxtatar taqqa.
Mehr oshuftasiman, mehribon oʻzim,
Yaxshini koʻrmoqni istaydi koʻzim.
Sirlarimni pinhon tutmoq istasam,
Ammoki, sezdirib qoʻyadi soʻzim.
Gohida xiyonat qoʻlin olaman,
Gʻurbatlar jabridan hargiz tolaman,
Balki bunda ham bir bormikan hikmat?
Men hali ham gʻoʻru sodda bolaman.


Ketmagin, Omad

Koʻnglimga shodlik ifori boʻlding,
Orzular bogʻim bahori boʻlding,
Umrimning eng aziz tumori boʻlding,
Meni tark etma, ketmagin, omad!
Purviqor aylab magʻrur boshimni,
Lazzatdan bezab tuzu oshimni,
Nomard yonida toʻkmay yoshimni,
Meni tark etma, ketmagin, omad!
Qoʻlimdan tutding har on har nafas,
Umidsizlik hech boʻlmadi qafas,
Bugun sen ila yuribman sarmast,
Meni tark etma, ketmagin, omad!
Yoʻlim toʻgʻirlab chin baxtlar sari,
Boshimga sochib shodliklar zari,
Nadomat toshin aylading nari,
Meni tark etma, ketmagin, omad!
Sensiz men kimman, nadir ahvolim?
Balki koʻpayar umid zavolim,
Boʻlsa kechirgin nohaq uvolim,
Meni tark etma, ketmagin, omad!


Oʻz Yurting Bagʻriga Sigʻmading, Uka!

Suriyadagi qirgʻin-barotlar oqibatida ota-onasi va akasi bilan urush oʻchoqlaridan qochayotib suvga gʻarq boʻlib, soʻng jasadi Turkiya qirgʻoqlaridan topilgan uch yoshli Aylon Kurdiyning vafoti yoshi, irqi va dinidan qat’i nazar butun dunyo fuqarolarining qalbini larzaga soldi. Internet olamida goʻdakning yerga bagʻrini berib yotgan suratlari tarqaldi. Xalqaro OAV, ijtimoiy tar moqdagi foydalanuvchilar, blogerlar oʻz sahifasi orqali bong urdi. Bu hodisa 2015 yilning eng ayanchli voqeasi sifatida tarixga muhrlandi.
Bagʻringni suvlarga berib yotibsan,
Sohildagi qumdek erib yotibsan,
Oʻzga yurt yeriga kelib yotibsan,
Oʻz yurting bagʻriga sigʻmading, uka!
Yoshgina boshingga tushdi bu kunlar,
Zulmatda qaynadi kunduzu tunlar,
Bagʻringni tirnadi azobu xunlar,
Oʻz yurting bagʻriga sigʻmading, uka!
Urushdan qochibsan sokinlik istab,
Ayriqlik boshlabdi qoʻlini siltab,
Sohilda yotibsan yigʻlabu siqtab,
Oʻz yurting bagʻriga sigʻmading, uka!
Ajralding bir kunda butun dunyodan,
Bagʻringni tirnagan tutqun dunyodan,
Zulmatga koʻmilgan tutun dunyodan,
Oʻz yurting bagʻriga sigʻmadiing, uka!
Uch yoshlik yurtdoshing, joʻrang hoynahoy?
Dilni titratgandi bundan necha oy,
Oʻz yurting qabriga kirmading, uka,
Oʻz yurting bagʻriga sigʻmading, uka!
Bu dunyo jabridan bezib ketdingmu?
Murgʻak yuragingni ezib ketdingmu?
Dil soʻzing Allohga yozib ketdingmu?
Oʻz yurting bagʻriga sigʻmading, uka!
Qismating yigʻlatdi millat tanlamay,
Duolar qilindi, elat tanlamay,
Dunyoda ne topding yelib yugurmay.
Oʻz yurting bagʻriga sigʻmading, uka!
Hayotdan shodumon kulmading, essiz,
Bolalik gashtini surmading, essiz,
Oʻzbegim farzandi boʻlmading, essiz,
Oʻz yurting bagʻriga sigʻmading, uka!
Bagʻringni suvlarga berib yotibsan,
Sohildagi qumdek erib yotibsan,
Oʻzga yurt yeriga kelib yotibsan,
Oʻz yurting bagʻriga sigʻmading, uka,
Oʻz yurting qabriga kirmading, uka!


Koʻzingni Ochgin...

Sahardan shomgacha nolib yashama,
Dilga ming bir gʻuluv solib yashama,
Oʻzingni izingdan qolib yashama,
Koʻzingni ochgin, ey ahli odamzod!
Tinchlikka shukurni qilasan kanda,
Oʻz yurting madhiga otasan xanda,
Shu yurt nonini yeb yuribsan banda,
Koʻzingni ochgin, ey ahli odamzod!
Oʻzing ham aldanib oʻzgani aldab,
Qingʻir koʻchalarga qaddingni mixlab,
Soʻngra qolarsan ming yigʻlabu ohlab,
Koʻzingni ochgin, ey ahli odamzod!
Oʻzga yurt bagʻrida zorlikni totib,
Oʻzingni olovga tuhmatga otib,
Gʻanim rohatlanar birovga sotib,
Koʻzingni ochgin, ey ahli odamzod!
Noshukur bir umr tirnaydi koʻksin,
Shu sabab anduhdan yoshini toʻksin,
Badfe’lingdan ana chinakam oʻksin,
Koʻzingni ochgin, ey ahli odamzod!


Qadringni Bilganga...

Ba’zilar bilmaydi goho qadringni,
Mayli-da, kuyunma xushzabon boʻlgin.
Ammoki, ortirma dilda dardingni,
Qadringni bilganga qadrdon boʻlgin.
Fursatlar koʻrsatar asl niqobni,
Eng avval oʻzingga mehribon boʻlgin.
Unutgin sitamlar ming bir xitobni,
Qadringni bilganga qadrdon boʻlgin.
Bir yumush tushganda bilinar doʻstlar,
Ming bora yigʻlabon har qayon boʻlgin.
Kimda yolgʻon-yashiq, kimdayu rostlar,
Qadringni bilganga qadrdon boʻlgin.


Dunyo

Unda turfa taqdir, turfa sinoat,
Unda har bitta jon yashar omonat,
Sadoqat vafoyu, hiyla xiyonat,
Dunyo – dunyo boʻlib yaralabdiki…
Sira mezbon yoʻqdir barchasi mehmon,
Kimning yuzi gulgun, kimniki somon,
Kimlar tahlikada, kimlardir omon,
Dunyo – dunyo boʻlib yaralabdiki…
Har kimda oʻzicha qonunu qoida,
Ba’zilar haqqini olmas joyida,
Umr oʻtaverar oqib soyida,
Dunyo – dunyo boʻlib yaralabdiki…
Kimlardir faqir, kimlardir soʻqir,
Notovon bekorchi! Donolar oʻqir,
Odamzod – odamning koʻzini choʻqir,
Dunyo – dunyo boʻlib yaralabdiki…
Soʻzimga xulosa shudir, bu dunyo,
Undadir zulmatu undadir ziyo,
Barchaga tenglik-la boqmaydi qiyo,
Dunyo – dunyo boʻlib yaralabdiki…


Meros

Kun oʻtar, kunlarning ortidan quvib,
Murgʻak yuragimga beraman pardoz.
Yil oʻtar, yillarning ortidan quvib,
Bugunim ertangi kunimga meros.
Balki bugun bir ish qilmadim tayin.
Gohi yelkam gʻaflat bosadi bu rost!
Ammoki, anglayman dildan kun sayin,
Bugunim ertangi kunimga meros.
Roʻzgʻor ham oʻzidan toʻlib qolmaydi,
Darkordir mehnatda boʻlmoq chavandoz.
Bugundan ertani bilib boʻlmaydi,
Bugunim ertangi kunimga meros.
Mehnatu zahmatlar rohatin berar,
Endi bulmoq kerak hayotda jonboz.
Koʻnglimda faqat shu xayollar yurar,
Bugunim ertangi kunimga meros.


Koʻrpangizga Qarab...

Bugun orzular ham cheksiz bepoyon,
Shum nafsning girdobi tortar har qayon,
Hayotda shundayin naql bor inson,
Teran boqib bir dam dunyo kuzating,
Koʻrpangizga qarab oyoq uzating.
Toʻqlikka shoʻxlikni koʻtarmaydi el,
Ming karra chiranmang, chiqib ketar bel,
Koʻzlardan koʻz yoshlar boʻlmasin-da sel,
Ey doʻstim, dil uyin poklab bazating,
Koʻrpangizga qarab oyoq uzating.
Dabdaba-hashamlar bir kuni oʻtar,
Nafsining girdobi insonni yutar,
Bilingiz isrofning uvoli tutar,
Xatolar zanjirin endi tuzating,
Koʻrpangizga qarab oyoq uzating.
Bugun kimoʻzarlik malomat erur,
Bir-biriga qarshi adovat erur,
Yaratganga bizdan nadomat erur,
Bu illatni keling siz ham kesating,
Koʻrpangizga qarab oyoq uzating.
Bugun hayot shunday teskari irmoq,
Nafsining tubiga tashlanar qarmoq,
Topmoq bor, yaniki bordur yoʻqotmoq,
Yoʻq boʻlmay el ichra boʻlsin izzating,
Koʻrpangizga qarab oyoq uzating.
Bu naql bobolar, momodan meros
Ilmlar egasi donodan meros,
Biz kelib ketar shu dunyodan meros,
Donolar bayotin oʻqib kuzating,
Koʻrpangizga qarab oyoq uzating.


Oʻzingdan Xafa Boʻlib Koʻr

Doʻstlaring, dushmaning yonin olganda,
Koʻnglingga gumonlar solganida toʻr.
Bir kunda doʻstlikning ipin uzganda,
Eng avval oʻzingdan xafa boʻlib koʻr.
Xotira kitobin varaqla bir on,
Dema bunda nolib peshonangni shoʻr.
Atrofga bir boqqin yigʻlabon giryon,
Eng avval oʻzingdan xafa boʻlib koʻr.
Qismating yozmoqlik koʻlingda axir,
Gohida hissiyot boʻladi-da gʻoʻr.
Oʻzing bilmay oshing qilsangu taxir,
Eng avval oʻzingdan xafa boʻlib koʻr.
Besabab boʻlmaydi hayotning ishi,
Oʻzingga ortiqcha bino berma zoʻr.
Koʻksingni tilganda gʻurbatlar nishi,
Eng avval oʻzingdan xafa boʻlib koʻr.
Hikmatli hayotning, hikmatlari koʻp,
Qalbingdan gunohlar yantoqlarin oʻr.
Oʻzganing koʻziga suqmoq oson choʻp,
Eng avval oʻzingdan xafa boʻlib koʻr.
Koʻrinmas insonga oʻzin xatosi,
Koʻnglingni tinglagin xatolaring soʻr.
Yopilmay bu dunyo kafan matosi,
Eng avval oʻzingdan xafa boʻlib koʻr.


Xiyonat Qilmang

Loyqalansa chashmayu zilol,
Gunohlarim ayting bemalol,
Bir kun sizga kelcamu malol,
Doʻstim, menga xiyonat qilmang.
Mayli, topib keting yoʻlingiz,
Mayli, uzing doʻstlik qoʻlingiz,
Dilxohishim shudir bilingiz,
Doʻstim, menga xiyonat qilmang.
Sirlarimni dacturxon qilib,
Xayollarim parishon qilib,
Dilda nafrat, yuzimga kulib,
Doʻstim, menga xiyonat qilmang.
Ichib turib tuzu oshimni,
Daryo etmang koʻzda yoshimni,
Egmoq boʻlmang aziz boshimni,
Doʻstim, menga xiyonat qilmang.
Har toʻkisda bir ayb boʻlar,
Inson doim xatolar qilar,
Ustimizdan gʻanimlar kular,
Doʻstim, menga xiyonat qilmang.


Bogʻimsiz, Ota

Bu dunyoim bisotida faqat siz bir yoʻgʻimsiz, ota,
Bogʻbon boʻlib hayotimda erta soʻngan bogʻimsiz, ota.
Diydoringiz dardida mushtoq ulgʻaydim mehringizga zor,
Bu koʻnglimda muhrdek qolgan oʻchmas dardu dogʻimsiz, ota.
Bolalik oʻtdi-da shunday havas qilib otasi borga,
Qoʻlimdan tutmagan qoʻliz mudom yolgʻiz chogʻimsiz, ota.
Yuragimni oʻrtar hargiz, otajon, sizning armoningiz
Yuzim aytmas, balki holim ammo qalbda ohimsiz, ota.
Bevaqt ketibsiz-ku tashlab farzandingiz diydorin koʻrmay,
Koʻnglimni qaro yer desam, ustidagi togʻimsiz, ota.
Bu dunyoim bisotida faqat siz bir yoʻgʻimsiz, ota,
Bogʻbon boʻlib hayotimda erta soʻngan bogʻimsiz, ota.


Yarashar

Bu koʻnglimning mulkiga, goʻzal hayot yarashar,
Koʻngil xotirjam boʻlsa, yozsa bayot yarashar.
Nelardandir hadikda yurmoq jonni ogʻritar,
Vayrona koʻngil ichra kulsa obod yarashar.
Turfa xayol ziddiyat aqlu hushing uchirar,
Shaytonniy xayollarni qilsa barbod yarashar.
Atrofda koʻp mayda gap gʻanim igʻvo dardida,
Ming bir soʻz qolib bunda boʻlsa isbot yarashar.
Bu dunyoning ustuni goʻyo bardosh matonat,
Besabr betoqatga sabru sabot yarashar.


Shirin Tashvish

Oʻtib ketdi nihoyat sogʻinch diydor tashvishi,
Xavotiru hadiklar kutmoq dildor tashvishi.
Muhabbat urugʻlari koʻnglimizda bogʻ boʻldi,
Yiroq boʻlsin qahraton kelsin bahor tashvishi.
Yelkamga oldim xurjun oilam deya, or deya,
Mas’ulyatdan koʻnglimga keldi bedor tashvishi.
Tarozi pallasiman gʻurur ila or ila,
Onayu yor qalbiga tinmas izhor tashvishi.
Har bir yigit umrida nasib etsin shunday baxt,
Yelkasiga yarashar olsa roʻzgʻor tashvishi.


Dunyodirsiz, Ayollar

Koʻnglimizning toʻrida dunyodirsiz, ayollar,
Shu ikki dur koʻzimiz ziyosisiz, ayollar.
Sizdan mehr-oqibat, hurmat-izzat topamiz,
Muhabbat ummonida daryodirsiz, ayollar.
Omad ketib gohida aqlu hushdan ayrilsak,
Dardimizga tasalli davodirsiz, ayollar.
Majnunlardek sevsagu gʻazal bitsak sizlarga,
Koʻngillarni titratar navodirsiz, ayollar.
Bir qoʻlida dunyoni, tebratar ham beshikni,
Mehnatu zahmatlarda jilodirsiz, ayollar.
Uyim-joim, roʻzgʻor deb oʻzin sira oʻylamas,
Mana shunday qirq joni fidodirsiz, ayollar.
Farzand joni ogʻrisa oʻzin urib ming toshga,
Bolam omon boʻlsin deb nidodirsiz, ayollar.
Poyinggizga jannatni armugʻon etdi Rabbim,
Bizlar uchun dunyoda ma’nodirsiz, ayollar.


Uchratma

Ey dunyo! Oʻkinch soʻzim yomoningga uchratma,
Ikki dunyo titratar zamoningga uchratma.
Senga nima shoh, gado bari birdek oldingda,
Chumolidek ezib tashlar tovoningga uchratma.
Bahor boʻlsin har koʻngil saratondan asragin,
Gʻurbat doʻli toʻxtamas osmoningga uchratma.
Ming bir oqim fitnani oʻz nazlida shior deb,
Toʻgʻri yoʻldan chalgʻitar dushmaningga uchratma.
Orzu bisyor har dilda gohi roʻyob boʻladi,
Eng yomoni iltimos armoningga uchratma.
Er yigitning shahdini toʻsmasin vatanfurush,
Dilda imoni bukar kamoningga uchratma.
Koʻngillarga koʻngillar isyon qilsa voajab,
Doʻstni dushman aylagan gumoningga uchratma.
Soʻzi soxta, dil soxta koʻzing oʻymoq istagan,
Har koʻngilda izgʻigan iloningga uchratma.


Kerakmas

Yuzimga kulib berar minnatli osh kerakmas,
Oʻzganing koʻzyoshidan, ragʻbatli osh kerakmas.
Rizq boʻlsin bir burda non halolidan ayirma,
Dasturxonlarda fayzsiz, shuhratli osh kerakmas.
«Doʻstim» deb ulfatlarim ziyofatiga chorlasa,
Shu oshidan tosh chiqar tuhmatli osh kerakmas.
Qora qozon qaynamay halovatim buzulsa,
Har tomonlardan kelar shafqatli osh kerakmas.
Bu kunlaring oʻtar deb har on meni yupatar,
Zaif tomonim bilar, qudratli osh kerakmas.
Osh ulashib hotamtoy rost soʻzini yor etmas,
Mendan manfaat koʻzlar, ulfatli osh kerakmas.
Bekpoʻlat Baxtiyorning ori kuchli jismidan,
Oʻzga haqidan kelgan, rohatli osh kerakmas.


Chalgʻitma

Hayot degan gulboʻston diyonatdan chalgʻitma,
Umrimning fayzi boʻlgan hidoyatdan chalgʻitma.
Hayot bandam deb suysin har on oʻzi qoʻllasin,
Karami keng olamda inoyatdan chalgʻitma.
Yurak ursin gasht bilan teran boqay dunyoga,
Onam bagʻridek issiq haroratdan chalgʻitma.
Kindik qonim toʻkilgan, shu muqaddas vatanga,
Shu vatanga munosib sadoqatdan chalgʻitma.
Oʻtkinchidir havaslar kelib ketar mehmondir,
Yoʻlim burib teskari shafoatdan chalgʻitma.
Bu hayot bir hikmatdir bosgan izing sarhisob,
Umrim aylar shodumon karomatdan chalgʻitma.
Peshonamda borini koʻray umrim yetguncha,
Bugungimas ertangni farogʻatdan chalgʻitma.
Sinovlarga dosh beray nomard zimdan kulmasin,
Ruhim ila jismimda matonatdan chalgʻitma.
Doʻstlar boʻlsin yonimda mehri boʻlsin oʻzgacha,
Inson insonga yoqar tarovatdan chalgʻitma.
Risqim boʻlsin ziyoda yigit baxti omaddur,
Necha yoshda boʻlsam ham barokatdan chalgʻitma.


Har Qachon

Endi omad kelganda sinov kelar har qachon,
Pok nomimni darhol tuhmat belar har qachon.
Atrofimda koʻpayar ikir-chikir gaplar ham,
Bir insonga sir bersam gumon yelar har qachon.
Ish boshlasam zavq bilam, balki kimlar koʻrolmas,
Manzili mudom gumon tosh otilar har qachon.
Tulki qiyos ishiga har tuslarda tovlanar,
Kulib turib yuzimga dil chopqilar har qachon.
Karvon koʻp, rizqi boʻlak, bilsin har kim oʻz yoʻlin,
Shu karvonni koʻrolmay itlar qopar har qachon.


Topilmas

Musibat mehmon boʻlsa, ketar zamon topilmas,
Sinov kelsa unga bir otar kamon topilmas.
Boshing qotsa sinovdan hech kim dalda boʻlmas goh,
Toʻgʻri yoʻlni koʻrsatar yaxshi-yomon topilmas.
Bosh urgan ostonalar oʻz roʻzgʻorin qilar pesh,
Yordam, xizmat mayliga shirin zabon topilmas.
Qoʻllar yetmay uzoqqa sal kaltalik qilsa gar,
Hatto, bir molxonadan bitta somon topilmas.
Qarindoshlar begʻamlik toʻnlarini kiyishsa,
Kimga siring aytasan dardga darmon topilmas.
Doʻstu dushman ajralib oʻz aslini koʻrsatsa,
Uchib ketay deysanu qarang, osmon topilmas.


Mening Soxta Doʻstlarim

Men oʻz koʻnglim tubiga gohi armon toshin otgan ekanman.
Qadrim bilmas begonalarga oʻz qadrimni sotgan ekanman.
Darding ne deb soʻrmas ba’zilar kimga nima yonsang kuysangu,
Qarang, ba’zi bedillar sabab bilsam loyga botgan ekanman.
Ishi tushib kelar nogahon ikki qoʻli koʻksida, qarang,
Soʻngra oʻtar bir kun tanimay nomard jabrin totgan ekanman.
Yoʻlim ravon yoshlik gashtida kimga bu xush, kimga noxushlik,
Oʻzim bilmay bir-bir gʻanimlar yonlaridan oʻtgan ekanman.
Yuzi kular ichida hasad koʻzlarida makkor rejalar,
Doʻstim desa ishonib men ham qoʻllaridan tutgan ekanman.
Paymonasi toʻlganda arang menga siri fosh boʻlib gohi,
Nigohida qaynasa nafrat gʻazabimni yutgan ekanman.
Ey Bekpoʻlat, bu hali holva oldingda koʻp turfa sinoat,
«Mening soxta doʻstlarim»[1] deb, bilib ash’or bitgan ekanman.


Atrofimizda

Gʻanimni izlamang uzoq-uzoqdan bildirmay yuradi artofimizda,
Soʻzi oʻq, dili yoʻq, manfur kimsalar qonimiz soʻradi atrofimizda.
Doʻstim deb bir burda noning ulashsang qoʻyningga kiradi ayyor tulkidek,
Nomingni bulgʻablar huzur qiladi ustingdan kuladi atrofimizda.
Oʻzicha oqillik toʻnini kiyib boshlaydi saboqni avvalo dindan,
Boshing berk koʻchaga suqib oxiri xokisor turadi atrofimizda.
Uch-toʻrt soʻm domiga tortiblar hushing qullikka qulluqni qildirar tinmay,
Shundaylar bor tuzing ichib yoningda rejasin tuzadi atrofimizda.
Ey yurtdosh, bu soʻzlar shunchaki emas bu baytim ogohlik bayti erurdir,
Agarki, beparvo yursak shundayin tinchlikni buzadi atrofimizda.


Oʻzgarar

Vaqt oʻtib, fursat oʻtib davru davron oʻzgarar,
Kim qaysi yoʻldan yurur, yurar karvon oʻzgarar.
Hech bir qachon bu hayot toʻxtab qolmas gardishi,
Ming turfa dil boʻlsa ham yaxshi-yomon oʻzgarar.
Kelajakni avvaldan koʻrolmaslik haqiqat!
Kir soylar qolib bunda toshqin ummon oʻzgarar.
Deydilarki ba’zilar inson sira oʻzgarmas,
Oʻz nazlida qarangki, derlar: «zamon oʻzgarar».
Bugun dunyo sharida jaholatdan qon suzar,
Hayrona zamin titrab yeru osmon oʻzgagar.
Bekpoʻlatni bir savol mudom hushin toʻzgʻitar,
Savollar koʻp, javob yoʻq qachon inson oʻzgarar?!


Hayot Mezoni

Fikru idrok oʻzgarar yillar oʻtgani sari,
Umr oʻtar, vaqt oʻtar quyosh botgani sari.
Hech kim dunyo bagʻriga diydasi qotib kelmas,
Inson bunda toblanar har tosh tekkani sari.
Roʻzgʻor deya kun-u tun chopar ahli odamzod,
Roʻzgʻor gʻori yopilmas ming bir toʻkkani sari.
Nolimoqni hayotda shior aylagan qancha,
Hayot qadding bukadi yana bukkani sari.
Harakatda barakat deydi dono xalqimiz,
Baxtu omad yor boʻlmas faqat kutgani sari.


Koʻz Yoshim

Ming bir alam hasratga guvohdirsan koʻz yoshim,
Yana toʻkilmay debon ogohdirsan koʻz yoshim.
Yuragimning dengizi toʻlib toshib ketganda,
Kiprigimning qoshida qirgʻoqdirsan koʻz yoshim.
Sensiz toshdek yuragim koʻngil gʻamga toʻlganda,
Bir hungrabon yigʻlasam yuzdogʻimsan koʻz yoshim.
Yigit boʻlib hayotda yigʻlasamu dam-badam,
Uvol boʻlib toʻkilar uvogʻdirsan koʻz yoshim.


Yigʻlasin

Kim onasin ranjitsa, chekib figʻon yigʻlasin.
Toʻrt unsur guvoh boʻlib, titrab osmon yigʻlasin.
Tillariga erk berib ona koʻnglin ogʻritsa,
Boʻgʻziga tiqilib dard tishlab zabon yigʻlasin.
Farzandim deb tunu kun ona bunda darbadar,
Shular qadrin bilmasa bilmay darmon yigʻlasin.
Onasiga diydorin oh bunchalar zor etgan,
Bir kun afsus qilganda chopib giryon yigʻlasin.
Bir mushviqning koʻnglini togʻ qilolmas gʻoʻr farzand,
Boshiga ish tushganda lolu hayron yigʻlasin.
Bekpoʻlat Baxtiyorning dil tubida soʻzi shu:
Ona qadrin bilmagan koʻzida qon yigʻlasin.


Oʻrning Bilinsin

Har fayzli davraning toʻrida doim xushchaqchaq, xushzabon oʻrning bilinsin,
Suhbatingdan bahra olsin insonlar yoʻq boʻlsang har qachon oʻrning bilinsin.
Ortingdan havaslar qilsin haloyiq sira ham nomingga toshlar otilmay,
Isming tilga olib eslasa doʻstlar vaqtlar oʻtmay chunon oʻrning bilinsin.
Qadaming bosganda gurkirab yoʻling yuzingdan fayzlar sira tark etmay,
Doʻstlar diydoringga mushtoq boʻliblar sogʻinsalar giryon oʻrning bilinsin.
Besh qoʻl ham barobar boʻlmaydi sira, boʻladi insonda turfa xatolar,
Hech boʻlmasa birda xatoying aytib shunda hamki «yomon» oʻrning bilinsin.
Hayotda hech kimsa boʻlmoq malomat oʻzimizdan qolsin sof tuygʻu, nomlar,
Yaqinlar dardiga tasalli boʻlsang har dardlarga darmon oʻrning bilinsin.
Hech qachon ostona ortida qolma doimo izzating bilsin jamiyat,
Belingdan kuch ketib, yoshing oʻtsa ham unut boʻlmay hamon oʻrning bilinsin.
Vaqt kelib bandalik bajo keltirsang tobuting suzsin goʻyo qoʻllarda,
Shu el-yurt haqqingga duo qilganda yigʻlab chekib figʻon oʻrning bilinsin.


Ayol Zotiga

Dunyodagi barcha malomat tegar avval ayol zotiga,
Ta’na-dashnom tuhmatu yolgʻon yetar avval ayol zotiga.
Ayol tukkan koʻz yoshlaridan ne ajabki, Amudaryo lol,
Qirqta jonin qiynoqlik dardni bitar avval ayol zotiga.
Ojiza deb ba’zilar uni gul koʻnglini xazon aylarlar,
Dunyo turfa sharoblarini tutar avval ayol zotiga.
Bir kunidan qirq kuni gʻashlik lek hech kimga choʻkmaydilar tiz,
Gʻurbatlarning boʻronlari ham ketar avval ayol zotiga.
Endi oʻzing oʻyla, ey dunyo, ayollardir ruhimiz kuchi,
Biz ularga qalqon boʻlaylik netar avval ayol zotiga.


Oʻxshamas

Ming bir sanam ichra senga hech bir sanam oʻxshamas,
Hatto, koʻzing yoshiga ey tongi shabnam oʻxshamas.
Oydan olidingmi husn demoqlik ham nooʻrin,
Gulgun yuzingga, yorim, goʻzal oy ham oʻxshamas.
Sen yurarsan viqor ila oshiqlaring oʻldirib,
Malikalar yursa hamki bunday qadam oʻxshamas.
Koʻngilginang serjilodur turfa gullar rangida,
Qiyos aylay deyman, ammo unga chaman oʻxshamas.
Hijroningda tunlarimni oʻtkazarman dard bilan,
Sen dardingni ayla xitob mening nolam oʻxshamas.
Visolingni salobati koʻngilginam shoshirar,
Mushkul yozmoq ta’rifingni, yozar qalam, oʻxshamas.


Indamas

Yorga sevdim deb soʻylasam, mohi tobon indamas,
Tinglar soʻzim beparvoyu lolu zabon indamas.
Oshiqligim hikmatlari koʻzlarimda mavj ursa,
Koʻrib turib atay qiynab goʻzal janon indamas.
Shuncha boʻlurmu noz firoq, boʻlgan koʻnglim egasi,
Holim zabun aylar tinmay hajri yomon indamas.
Yoʻllarida paydo boʻlsam goʻyo hushi uchadi,
Ammo koʻzin opqocharu menga bir on indamas.
Men oʻzimdan oʻtganini mudom oʻzim bilarman,
Izim giryon, koʻzim giryon la’lixandon indamas.
Balki meni sevar u ham koʻzlarida siri bor,
Meni koʻrsa aqli shoshar ishqi pinhon indamas.


Sogʻinib

Har kunim dard ila oʻtadi shunday yasharman yorginam yuzing sogʻinib,
Bir oʻtli nigohga koʻzlarim tushmas men bunda mushtoqman koʻzing sogʻinib.
Nozu firoqlaring buncha begʻubor har bir soʻzing dilga najot beradi,
Bu koʻngil darbadar diydor darida qulogʻim gap uqmas soʻzing sogʻinib.
Toʻrt tomonim qibla, borar yerim yoʻq qaydan izlay manzil makoning aytgin,
Tutqich bermas fursat diydor baxtiga xayolan izlarman izing sogʻinib.
Bir kun shodlik berding yana azoblar yuzimdan shodliklar yana tark etdi,
Qaniydi, shu kuni qumsab qolsayding men bilan baxtiyor kezing sogʻinib.
Ash’orim yozarman bir seni oʻylab sen ham meni bir bor oʻylab koʻrsang-chi,
Daqiqa, soatlar sanab charchadim koʻzlarim nigoron oʻzing sogʻinib.


Nidoman

Ey yor, sening dardingda ham shohu ham gadoman,
Izing yurgan izingdan oʻzing topmay adoman.
Tunu kunlar oʻtadi hajring jangi ostida,
Diydorni istab mushtoq ming bir joni fidoman.
Madhing kuylar baytlarim dildan toʻlib toshiblar,
Oʻz koʻnglimning qasrida gʻamdagi bir sadoman.
Aytgin, visol onlari qachon bizga yor boʻlar?
Bilmaysan, yoningda ham diydoringdan judoman.
Koʻzim tushsa koʻzingga yuragim zoʻr titraydi,
Oh, menga yor boʻl deya, tinmay kuyar nidoman.


Nomehribon Uchradi

Sevib qoldim nogahon ming bir hijron uchradi,
Orzularning ortidan tinmay armon uchradi.
Endi yetdim deganda fursat oʻyin boshlaydi,
Turli fikru soʻzlardan yoʻlda dovon uchradi.
Men bunda bir savdoyi baxtning yoʻlin topolmay,
Shu yoshimda na qilay dagʻi zamon uchradi.
Koʻz birla soʻzi boshqa mudom jonim ogʻritar,
Dil soʻzin qilmas ayon loluzabon uchradi.
Qilib oʻziga shaydo yuraverdi beparvo,
Dilkoʻshkida kim bor deb hargiz gumon uchradi.
Mehrim berdim jon qadar har bir lahza umidvor,
U boʻlib, lek erkatoy nomehribon uchradi.


Noiloj

Hajringizda men bedor kunim oʻtar noiloj,
Hijronli kechalarda tongim otar noiloj.
Umid gulshanim dildan soʻlmoq istamas birdam,
Lek, taqdirning bitigi asta botar noiloj.
Armon dilga qafasdir qanotimni qayirgan,
Yor vasliga yetolmay dil tosh qotar noiloj.
Xayollarim devona, oʻz yoʻlini topolmay,
Yor diliga ming bora oʻzin otar noiloj.
Yorga yetmoq mushkuldur oh bunchalar kuydirding,
Sezdirmay deyman dardim koʻzim sotar noiloj.
Koʻnglim poygak poyingda har kun bosib oʻtarsan,
Lek, bilmaysan qadrimni dardim ortar noiloj.
Bu Bekpoʻlat Baxtiyor buncha orsiz demagin,
Taqdir bitgan baxtini kutib yotar noiloj.


Sogʻindim

Yor husni jamolingni bilmaysan-da, sogʻindim,
Men ovora bunda zor kelmaysan-da, sogʻindim.
Sogʻinchingga oʻrmashib sirtmoq boʻlar hijronlar,
Hech koʻnglimning koʻshkida yelmaysan-da, sogʻindim.
Sabru ohim orttirar sendan ayro kunlarim,
Bu koʻnglimga shodlikni solmaysan-da, sogʻindim.
Yoʻlim darvish yoʻlingda koʻzim giryon oʻzingga,
Yor boʻlib qoʻlimni hech olmaysan-da, sogʻindim.
Men izingda sarsonman bir ruxsoring koʻray deb,
Koʻzlar koʻzga tushsa, lek kulmaysan-da, sogʻindim.


Fosh Erur

Ey sanam, sening darding bu koʻnglimda tosh erur,
Yuzim kular va lekin dilim toʻla yosh erur.
Hijron, firoq azoblar hargiz aylar baloliq,
Diydor mudom orzudir hijron menga osh erur.
Sabru bardosh bunda gir sening izming poylaydi,
Sening vasling qumsagan ham koʻzi ham qosh erur.
Menda qolmadi toqat kim nima desa desin,
Seni jondan sevishim yuz koʻzimda fosh erur.


Ataylab

Ey pariroʻy, sabrimni sinaysizmu ataylab,
Sizni ming bor chorlasam kelmaysizmu ataylab.
Koʻzlar koʻzga tushganda yuragimda chaqinsiz,
Ayting faqat rostini sezmaysizmu ataylab.
Hajringizdan ogʻrinib yana tinmay sogʻinsam,
Bilib turib makkorlik qilmaysizmu ataylab.
Koʻnglim toshar soy kabi koʻnglingizning bogʻiga,
Ishq sharobim ta’mini totmaysizmu ataylab.
Har bir baytim dard bilan yozarman sizni eslab,
Koʻnglimga javob noma yozmaysizmu ataylab.
Balki soʻzimdan gumon qilsangiz ham sezdirmay,
Bir bora ham dilbogʻim kezmaysizmu ataylab.
Qarshingizda koʻp uchrab soyangizdek yursamu,
Bir-bir yoqar soʻng yana bezmaysizmu ataylab.
Kun kelib taqdirimiz bir-biriga tutashsa,
Bekpoʻlat qoʻlidan qoʻl uzmaysizmu ataylab.


Oʻn Toʻqqiz Yoshimda...

Oʻn toʻqqiz yoshimda muhabbat mehmon bunchalar oʻzingga shaydo aylading,
Tilim lolu, hushim bunda sargardon hajringni oʻtida gado aylading.
Bir ishga qoʻl bormas xayolim senda oydek ruxsoringga yetmoq orzuyim,
Yoʻlimiz nogahon tutashsa birga mendan qochib har dam ado aylading.
Dilsoʻzlarim qolib yurak tubida kundan kun dardim ortirding ohir,
Birda kulib qarab birda qaramay diling oshkor qilmay xato aylading.
Tunu kun orom yoʻq sogʻinching ezsa xayolim darbadar qilib qoʻygan sen.
Bu qandayin holki bilmayman sira hatto qadrimdan ham judo aylading.
Koʻzimga inonu, soʻzimga inon mushkulmi shunchalar aytgin inonmoq,
Oʻzingni negadir olib qocharsan sabrimni nigoron savdo aylading.
Mayli-da, bunda ham bormikan hikmat uchrab hayotimda tasodif boʻlding,
Bekpoʻlat Baxtiyor shunga iqrorki hayotim nazliga ma’no aylading.


Oʻzimga Bek Boʻlgim Keladi

Oʻylab qolib devona ishim oʻz ustimdan kulgim keladi,
Sevgi degan bedavo dardni bu koʻksimdan yulgim keladi.
Qani endi koʻksimga shamol tegsa yana bir paytlar kabi,
Oʻz qadrimni oʻzgalar emas, oʻzim shuni bilgim keladi.
Bu yurakning amriga koʻnib takror-takror adashdim essiz,
His-tuygʻuni endi unutib oʻz bilganim qilgim keladi.
Hayotimni goʻzal aylabon baxt-shodlikka yetib yursaydim,
Endi qoʻyib gʻaflat toshini baxt tumorin ilgim keladi.
Bir yor hajri kuydirdi yomon sarson boʻlib ayladim afgʻon,
Dardisar gʻamga boʻlmay tutqun oʻzimga bek boʻlgim keladi.


Yuragim

Bir nigohim tushgandi oʻziga rom ayladi,
Shu koʻzimning qiriyu xatosida yuragim.
Yonimdan oʻtar boʻlsa bosar ming bir hayajon,
Ul yorning ohu koʻzu qarosida yuragim.
Ash’orimmi bitarman ul parini sogʻinib,
Dardga oʻxshash dardlarning navosida yuragim.
Oshiq baxtin koʻzlagan faqat ul yor edi-ku,
Chin baxtini topolmas qiyosida yuragim.
Juda qiziq ekanda turfa ishi hayotning,
Koʻrki goʻzal, ammo tor libosida yuragim.
Faqat ishq deya yondim doʻst-u yorni xushlamay,
Endi vaqt oʻtib attang jazosida yuragim.
Orzularning ortidan borar mudom hislarim,
Yozgan har bir misramning ma’nosida yuragim.
Bekpoʻlat Baxtiyorni, balki baxti kutmoqda,
Ul yorning men kirmagan dunyosida yuragim.


Sevgi

Hijronning ming bitta jabrin totganda sen menga shundoq ham guvohsan sevgi.
Oʻzga qoʻlin tutib ketsam ham, ammo pinhona sevsam gar gunohsan sevgi.
Sendan ming bor qochib yana oʻzingga qaytaman mehr istab bolajon kabi,
Koʻzingni och desa sira gap uqmas ammoki nedandir ogohsan sevgi.
Xiyonat qoʻlidan gohi suv ichgan shunchalar soddayu omisan nega?!
Farhodu Majnunlar qalbida doim oʻchmas boʻlib qolgan ardogʻsan sevgi.
Inson oʻz siyratin anglolmay qolsa koʻrsatib qoʻyasan oʻz kuching bilan,
Ul inson mayliyu, oʻzgalarga sen aksini koʻrsatar nigohsan sevgi.
Osmonga oʻxshaysan bulut ham oʻzing yomgʻiru qorlaring ivitar koʻnglim,
Yor vasli gar boʻlsa bir bora nasib koʻksimga shoʻx esar sabohsan sevgi.
Bir koʻngil panohi boʻlmoq mushkulda yasharsan chiroy-u suratga uchib,
Turfa dil ichidan bir koʻngil tanlab husniga mahliyo sayyohsan sevgi.
Hijronlar isitmamni oshirsa nogoh, umidlar boʻladi yurak dorisi,
Oʻzingdan malhamlar topaman men ham eng tabiiy hushifor giyohsan sevgi.
Armonlar zanjiri uzilmay ketsa hasratim aritmoq boʻlasan yana,
Xiyonat yurakni ming nimta qilsa oʻzing shifokoru jarrohsan sevgi.
Sendan aziz baxtim topdim ming shukur yosh umrim niholi yashnagin abad,
Bekpoʻlat Baxtiyor koʻngil toʻrida qadrdon ne’matu panohsan sevgi.


Qalbing – Zilola

Bu koʻnglimning bogʻida sen bir nihola,
Qaddu qomating shamshod dudogʻing lola.
Jamoling paripaykar hushim oʻgʻirlar,
Koʻnglimning moyiliyu ayni risola.
Koʻzingni choʻlpon deb, ta’rif aylasam,
Oydek gulga oʻxshaysan goʻyo hilola.
Zulfingga jon rishtasi oʻralib qoldi,
Qoshing kamon, nigoro, soching shalola.
Soʻzlaring koʻngilginam zavqin oshirar,
Koʻngling guldek nozik goʻyoki tola.
Bekpoʻlat Baxtiyoring shuni aytarki:
Husning oydek toʻlganu qalbing – zilola.


Laylisi Yoʻq Majnunman

Yor hajrining mastonasiman,
Har kun bosar ostonasiman.
Hijronlardan choʻchib oʻtyapman,
Bilmam, oʻzim qayga otyapman.
Shoirman-da, bir xayolparast,
Armon menga qilaverar qasd,
Oʻtdim biroz qiyinchilikdan,
Toʻydim ammo kuyinchilikdan.
Yor koʻzlari otashin nigoh,
Bu holimga boʻlmaydi guvoh.
Yuramanda ovunib she’rdan,
Hatto soʻzim tomchilar terdan.
Bilolmayman taqdir ishini,
Faqat menga qayrar tishini.
Yor bevafo dardimni bilmas,
Bir e’tibor tassali qilmas.
Takalluf yoʻq biron soʻzimda,
Yor siyrati mudom koʻzimda.
Men bir gʻarib, sodda dilxunman,
Laylisi yoʻq, yolgʻiz Majnunman.


Nazar Sol

Ta’rif aytsam yuzingga loldur koʻzim, soʻzim lol,
Bir e’tibor aylagin, bu koʻnglimga nazar sol.
Sol nazar bu koʻnglimga aylagin e’tibor bir,
Lol soʻzim, koʻzim loldur yuzingga aytsam ta’rif.
Hajringda kechalarim yonim kuyib boʻzlasam,
Kelgin, dildor, koʻnglimni panohingga oʻzing ol.
Ol oʻzing panohingga koʻnglimni dildor kelgin,
Boʻzlasam kuyib yonib kechalarim hajringda.
Tashlab ketma yoringni koʻnglim senga mushtoq, zor,
Jon desang beray jonim bir umr yonimda qol.
Qol yonimda bir umr jonim beray desang jon,
Zor, mushtoq senga koʻnglim yoringni ketma tashlab.
Mastona devonaman yozib ash’or dardingda,
Koʻnglimga mehrlaring nihol boʻlsin urugʻ sol.
Sol urugʻ boʻlsin nihol mehrlaring koʻnglimga,
Dardingda ash’or yozib devonaman mastona.
Bekpoʻlat Baxtiyoring hajringdan mahzun endi,
Osmonga qiyos edi, koʻnglim boʻldi majnuntol.
Majnuntol boʻldi koʻnglim qiyos edi osmonga,
Endi mahzun hajringdan baxtiyoring Bekpoʻlat.


Guvoh

Sizga boʻlgan sevgimga bedorli kunlar guvoh,
Ammo, yetolmay bir dam ozorli kunlar guvoh.
Hijron qiynar yurakni taskin izlab topolmam,
Sizni sevib sogʻliqdan bemorli kunlar guvoh.
Taqdir buncha pirvuqor sira boʻyin egmaydi,
Koʻzim yoʻlda nigoron xumorli kunlar guvoh.
Orzu armon bunda zoʻr oʻz bahsini boshlaydi,
Dilga shodlik begona gʻuborli kunlar guvoh.
Ash’orimni yozar dard boʻgʻzimda navo qaynab,
Ham shoiri, ham hofiz diltorli kunlar guvoh.


Hali Ham

Sizni sevdim jon qadar aytolmadim hali ham,
Diydoringiz yoʻlidan qaytolmadim hali xam.
Soyangizdek yurarman boʻlib gohi sharpangiz,
Lek, yorim vaslingizga yetolmadim hali ham.
Ohu misol qocharsiz mudom oshiq yoʻlidan,
Yorim deb qoʻlingizni tutolmadim hali ham.
Hajringizda adoman, lek bilmaysiz dardimni,
Men shunchaki bu dardni yutolmadim hali xam.
Vaqt hukmiga ishonib sevdim jonim boricha,
Ba’zan ishq sinovidan oʻtolmadim hali ham.
Koʻzingizga bir boqsam, ajab sirlar serjilo,
Umid ostonasidan ketolmadim hali ham.
Yonib-kuyib sevsam-u, lek yurarsiz beparvo,
Hech kimni sizdek mushtoq kutolmadim hali ham.


Bezib Qoldim Man

Sensizlik azobin sezib qoldim man,
Hijronning oʻrmonin kezib qoldim man.
Xayolim musavvir boʻlib qolibdi,
Siyrating yurakka chizib qoldim man.
Armoning – okean tubi koʻrinmas,
Gʻavvosdek darbadar suzib qoldim man.
Ba’zida vaslingni qumsagan chogʻim,
Dard ila ash’orim yozib qoldim man.
Ohimni tinglamas osmonu falak,
Ey bagʻritosh, darddan ozib qoldim man.
Shum taqdir sira ham boʻyin egmaydi,
Shu sabab yuragim ezib qoldim man.
Bekpoʻlat Baxtiyor endi sogʻinmas,
Uzru sevgidan bezib qoldim man.


Unutmadim

Ey yor, qancha bersang-da jafo yuzlaringni unutmadim,
Aqlu hushim bunda gangitar koʻzlaringni unutmadim.
Erkatoysan, gohi zolim ham, bunchalar boʻlding bagʻritosh,
Menga ta’na-dashnomlar boʻlgan soʻzlaringni unutmadim.
Toʻrt tarafim boʻlsa-da qibla goh yolgʻiz qolsam-da tanho,
Seni menga uchratar yoʻlu, izlaringni unutmadim.
Sendan sira ketmadim ayro soyangdek boʻlib qolgandim, –
Bas ortimdan yurmangiz, – degan, arzlaringni unutmadim.
Tinch qoʻyayin endi seni ham, shahzodangning suygan yori boʻl,
Mendan olgan muhabbat degan qarzlaringni unutmadim.


Sevgi Solnomasi

Bahor chogʻi koʻnglingga kirib keldim nogahon,
Yarim koʻngling, bilmayman, qildimikan charogʻon.
Fursat oʻtdi, dam oʻtdi ishq rishtasi bogʻlanib,
Koʻz tegmasin, yuribmiz visollardan chogʻlanib.
Ahdu paymon dillarga boʻldi soflik elchisi,
Men baxtimdan masrurman boʻlib baxting kuychisi.
Oshkor boʻlib tuygʻular oʻsdi nozik niholdek,
Sen yonimda yurarsan oʻn besh kunlik hiloldek.
Oila degan qoʻrgʻonga boʻlding, yorim, tayanchim,
Sen-la mening baxtim but ortaverar ishonchim.
Ba’zan koʻngling koʻshkiga otadirman bilmay tosh,
Ammo, meni yorginam oʻylamagin bagʻritosh.
Bekpoʻlat Baxtiyoring yetar har bir ahdiga,
Yorginam, omon boʻlgin sen sevgan Bek baxtiga.


Oilali Shoir

Oʻn toʻqqizda yoshlik bahorim,
Zavqli erur har tong-nahorim.
Hissiyotlar oʻzandan toshgan,
Gohi tuygʻu haddidan oshgan.
Suraman-da yoshlik gashtini,
Koʻrib turfa qiru dashtini.
Sevsam shunday yonib sevaman,
Oʻzimdan ham tonib sevaman.
Shoirman-da suraman xayol,
Ba’zan yorga keladi malol.
Sevgan yorim yori boʻldim man,
Gʻurur ila ori boʻldim man.
Qanday goʻzal sevganing vasli,
Umringning eng baxtiyor fasli.
Ana endi oʻzgacha hayot,
Balki endi oʻzgarar bayot.
Oʻn toʻqqizda yoshlik bahorim,
Zavqli erur har tong-nahorim.


Sogʻinchim Oʻzing

Jonginam, sogʻinsam sogʻinchim oʻzing,
Bu qalbim toʻrida ovunchim oʻzing.
Bilmaysan holatim, balki, dildorim,
Tunu kun umrimda sevinchim oʻzing.
Koʻnglimning sirlari senga baxshida,
Dardimga tasalli suyanchim oʻzing.
Yorginam, mehringdan mudom sarxushman,
Dard cheksam, yonimda kuyinchim oʻzing.
Koʻnglimni bahordek navqiron etding,
Shodligu, baxtimu suyunchim oʻzing.


Jufti Halolim

Taqdir menga yetkazgan hucni oydek hilolim,
Sen yonimda boʻlsangki uchmas fikru xayolim.
Bu hayotning sinovi uchrar endi dam-badam.
Neki kunlar kelsa ham kelmasin hech malolim.
Koʻzing yashnab, diling quvnab yursang koʻngil shodlanar,
Dardlaringni aritay, dilxush suxan ayolim.
Vaqt ham oʻtar shiddadkor bir koʻz ochib yumguncha,
Yillar oʻtib yarashar desang meni shoʻx cholim.
Jon yorginam, men bilan umring oʻtsin shodumon,
Baxtimga omon boʻlgin, sevgan jufti halolim.


Yorginam

Anglolmay sarxushman xayollar bilan,
Yurarman javobsiz savollar bilan,
Mani qarshi etmang malollar bilan,
Yorginam, sehr bor jamolingizda.
Soʻzlarim soʻzlarga ulanmay qolar,
Yurakda bor madhim kuylanmay qolar,
Yana dilga ajib hayajon solar,
Yorginam, sehr bor jamolingizda.
Hushimni oʻgʻirlab devona aylar,
Yanada sizga zor, giryona aylar,
Beqaror, bedavo, mastona aylar,
Yorginam, sehr bor jamolingizda.
Yuragim qinidan chiqmoqqa shoshar,
Xayollar dengizi koʻnglimda toshar,
Qarangki, yanada sevgim ham oshar,
Yorginam, sehr bor jamolingizda.


Yuragimga Yaqinsiz

Sizga mehrim ziyoda,
Koʻzlarimda chaqinsiz.
Ey yorginam, dunyoda,
Yuragimga yaqinsiz.
Dilda suzar ishqingiz,
Keltiraman rashkingiz,
Boʻlay koʻzda ashkingiz,
Koʻzlarimda chaqinsiz,
Yuragimga yaqinsiz.
Tunlar bedor sogʻinar,
Hajringizdan ogʻrinar,
Mehrim nurday yogʻilar,
Koʻzlarimda chaqinsiz,
Yuragimga yaqinsiz.
Xayollarim changitib,
Fikru hushim gangitib,
Ahvolimni tang etib,
Koʻzlarimda chaqinsiz,
Yuragimga yaqinsiz.
Mendan soʻrmang dil uzmoq,
Sizsiz yakka bogʻ kezmoq,
Niyatim yoʻq ahd buzmoq,
Koʻzlarimda chaqinsiz,
Yuragimga yaqinsiz.
Beparvoyim, ey dildor,
Vaslingizga bu dil zor,
Boʻlsangiz ham dilozor,
Koʻzlarimda chaqinsiz,
Yuragimga yaqinsiz.


Gʻalati Shoir

Gohida sevgini yozaman maqtab,
Gohida sevgidan nolib boshlayman.
Hijronlar armonim qoʻysayu taxlab,
Oʻzimni olovga solib boshlayman.
Bir yorga atalgan ming bitta fikrim,
Yozilar turli xil toʻqima bilan.
Gohi sevgidagi ta’nali zikrim,
Otilar soʻz boʻlib, choʻqima bilan.
Muhabbat bogʻiga bogʻbon boʻlolmay,
Yashayman, ammoki, sevgiga doir.
Siz demang: «soʻzlari Majnunlarga xos –
Bekpoʻlat Baxtiyor gʻalati shoir».


Muhabbat – Ilohiy Ne’mat

Kimga nasib, kimgayu gumon,
Kimga rostu, kimgayu yolgʻon,
Hayot shundan yaralgan, inon,
Muhabbat – bu ilohiy ne’mat.
Kitoblarda yozilgan qancha,
Rivoyatu hikmatlar ancha,
Tan olmaysan qandayin, ayt-chi?
Muhabbat – bu ilohiy ne’mat.
Bosh koʻnglingni toʻldirib qoʻyar,
Visollardan suydirib qoʻyar,
Toʻgʻri, gohi kuydirib qoʻyar,
Muhabbat – bu ilohiy ne’mat.
Muhabbat – bu faqat yor emas,
Faqat kitob soʻzda bor emas,
Nokaslarga u hech zor emas,
Muhabbat – bu ilohiy ne’mat.
Ota-ona, doʻstu yorlarga,
Koʻksi qalqon gʻurur orlarga,
Dil uyida imon borlarga,
Muhabbat – bu ilohiy ne’mat.


Sogʻinch Bekati

Nima ham qilardim, sogʻinmay boʻlmas,
Sendan ayrodurman, ogʻrinmay boʻlmas,
Bu yurak umidning ortidan qolmas,
Sogʻinch bekatida yuragim qoldi.
Kutaman, kutaman, yana kutaman,
Jonimni hijronga majbur tutaman.
Sogʻinch bekatida yuragim qoldi,
Hijroning azobin tinmay yutaman.
Bu bekatda qancha hislarim talash,
Yoʻlingni poylagan izlarim talash.
Sogʻinch bekatida yuragim qoldi,
Seni qidirmoqqa koʻzlarim talash.
Bu bekatdan xarid sabr, bardoshlar,
Bu bekatga tanish, toʻkkan koʻz yoshlar.
Sogʻinch bekatida yuragim qoldi,
Yana shu bekatdan armonli toshlar.
Bu bekatning yoʻli faqat bir taraf,
Manzilga boradi, qaytishga yoʻl yoʻq.
Ikki taraf yoʻlga shartnoma boʻlsa,
Bu qadar boʻlmasdi yurakginam choʻgʻ.


Bormikan

Oshiqman baxtini izlagan qayta,
Arzim yerda qolgan aytila-ayta,
Bu yosh yurak boʻlgan ming bir nimta,
Yorni hech sogʻinmas kunim bormikan?
Qoyilman sevgining karomatiga,
Yurakni yondirar haroratiga,
Yetsaydim yorning xush tarovatiga,
Vasliga yor boʻlar tunim bormikan?
Kulaman gohida yigʻlayman yana,
Majnunlikga da’vo qilaman, mana,
Derlar meni koʻrib: Majnun-ku ana,
Hijroning dastiga tinim bormikan?
Yuragim talpinar, yana qochar goh,
Yorga mehrin pinhon zimdan sochar goh,
Hijronga tinmayin bagʻir ochar goh,
Bu kunlarga oxir unim bormikan?
Devona oʻzimman, giryona oʻzim,
Yor girdida hargiz parvona oʻzim,
Shum taqdir dastiga hayrona oʻzim,
Muhabbat rizq bergan nonim bormikan?
Xayollar daydigan qanotsiz qushdek,
Bu kunlar oʻtsaydi goʻyoki tushdek,
Hijron toshi tegar koʻksimga mushtdek,
Baxtga toʻlgan serob konim bormikan?
Yor dardi kuydirgan jismu tanimni,
Va lek, asrayapman yigit sha’nimni,
Fursatlar toʻldirsin koʻngil kamimni,
Dunyoda eng baxtli onim bormikan?


Bir Hovuch Tuproq

Koʻnglimni koʻnglingdan qilmaydi yiroq,
Oʻrtaga tushmaydi kuydirgi firoq.
Inongin, bir chaman barpo boʻladi,
Olib koʻr koʻnglimdan bir hovuch tuproq.
Mendan olisdasan, boʻlma dargumon,
Turli xayollarga yoqma sham chiroq.
Muhabbatdan koʻngling boʻlar shodumon,
Olib koʻr koʻnglimdan bir hovuch tuproq.
Bu tuproq ichida ming bir giyohlar,
Har darding dardiga boʻladi oʻrtoq,
Soʻzimni fursatlar oʻzi guvohlar,
Olib koʻr koʻnglimdan bir hovuch tuproq.
Dil koʻshking gurkirab boʻston boʻladi,
Hech qanday sahroyu boʻlmaydi qirgʻoq.
Sevgimiz vaqt oʻtib doston boʻladi,
Olib koʻr koʻnglimdan bir hovuch tuproq.
Bekpoʻlat Baxtiyor bogʻboning boʻlsin,
Baxtinga hamisha omoning boʻlsin,
Mayli-da, kuydirgi yomoning boʻlsin,
Olib koʻr koʻnglimdan bir hovuch tuproq.


Men Sen Uchun…

Jonim, oshiq soʻzimni tingla,
Men sen uchun yashayman endi.
Koʻzimga boq, oʻzimni angla,
Men sen uchun yashayman endi.
Koʻzing quvnab, bir meni desa,
Labing titrab, yuzlaring kulsa,
Jonim tayyor har ne dard kelsa,
Men sen uchun yashayman endi.
Kel, boshlaymiz baxtning kuyini,
Buzib tashlab armon uyini,
Rad aylama oshiq oʻyini,
Men sen uchun yashayman endi.
Jonu tanim nisoring boʻlib,
Dil bogʻingda bahoring boʻlib,
Har bir kunda nahoring boʻlib,
Men sen uchun yashayman endi.
Yengib turfa sayroqi qushni,
Sabrlardan charxlatib tishni,
Roʻyob aylab har baxtli tushni,
Men sen uchun yashayman endi.
Kelgin, jonim, qoʻllarimni tut,
Men-la baxtli onlaringni kut,
Rad javobi emasdir sukut,
Men sen uchun yashayman endi.


Baxtliman Baxtimga Baxtiyor Boʻlsang!

Turmush oʻrtogʻim Dilafruzga
Bahor gullaridek ochilib kulsang,
Har kun nigohimda oy kabi toʻlsang,
Ey yorim, umrimiz gashtin suramiz,
Baxtliman, baxtimga baxtiyor boʻlsang!
Dillarda qolmasa zarracha gʻubor,
Men ila hayotda shodlanib kulsang.
Begim baxtliman deb aytsangu bir bor,
Baxtliman, baxtimga baxtiyor boʻlsang!
Unutib armonli dunyo ishini,
Koʻnglimning bogʻida sabodek yelsang.
Artsaydim koʻzingdan sevinch yoshini,
Baxtliman, baxtimga baxtiyor boʻlsang!
Yetaylik jonginam baxtning qoshiga,
Sen bilan baxtliman agarki bilsang.
Tayyorman, chidayman gʻamning toshiga,
Baxtliman, baxtimga baxtiyor boʻlsang!
Baxtimiz koʻrganda quvnasin dunyo,
Uyimning toʻriga quvonchdek kelsang.
Yuzu koʻzimizdan taralsin ziyo,
Baxtliman, baxtimga baxtiyor boʻlsang!


Sogʻindim Diydoring, Yorginam

Koʻzlarim yoʻlingda nigoron,
Sogʻinchim sezadi yer-osmon,
Diydorga yetaylik xush, omon,
Sogʻindim diydoring, yorginam.
Koʻzga uyqu kelmas kechalar,
Tunda ham yorugʻdir koʻchalar,
Bedorli tun oʻtdi nechalar,
Sogʻindim diydoring, yorginam.
Bir bora bagʻrimga bosayin,
Mehringdan tumorlar osayin,
Har lahza, har onim kun sayin,
Sogʻindim diydoring, yorginam.
Qoʻllaring tutayin, malagim,
Dard yutsam girdimda halagim,
Yorginam koʻrmoqlik tilagim,
Sogʻindim diydoring, yorginam.
Intizor erurman koʻyingda,
Bilaman men faqat oʻyingda,
Marjonlar boʻlayin boʻyningda,
Sogʻindim diydoring, yorginam.
Bekpoʻlat vaslingning shaydosi,
Mehr-muhabbating gadosi,
Oshiqlik soʻzimning nidosi,
Sogʻindim diydoring, yorginam.


Hijron Azobi

Sen ketding bagʻrimni huvillab,
Yuragim titraydi lovillab.
Hajringdan negadir bukildim,
Hijroning yogʻmoqda doʻvillab.
Suratga termulib javdirab,
Yuribman sarsona dovdirab.
Yigʻlashga madorim yoʻq ekan,
Boʻgʻzimda dard yigʻlar chinqirab.
Hech qancha boʻlmadi ayriliq,
Ammoki, koʻzimda yosh liq-liq.
Yorginam bir kunda adoman,
Koʻnglimni qopaldi yaroliq.


Sevdim

Oʻzimni unutib, oʻzligim qolib,
Hijronning yoʻlida boʻlibon gʻarib,
Koʻnglingning koʻshkidan mehr axtarib,
Qalbing dunyosiga koʻmilib sevdim.
Koʻzimga koʻrinmas dunyo havasi,
Yurak istab har dam yorning nafasi,
Shunchalar boʻlarmi sevgi qafasi,
Vasling deb, koʻzlarim yumilib sevdim.
Orzular, armonlar endi bir jangda,
Ismingni soʻzlasam, mudom jarangda,
Shu ekan sevgining kuchi qarang-da,
Hijron anhorlarida choʻmilib sevdim.
Hushimni yoʻqotib, sargardon boʻlib,
Telba bunda qolib ming chandon boʻlib,
Gohi yigʻlab, gohi zoʻr handon boʻlib,
Xayol osmonlariga choʻzilib sevdim.
Qadamlar charchamas yor izin poylab,
Alamlar charchamas oʻz oʻqin joylab,
Koʻnglimni mudomki bir yorga boylab,
Dunyodan butunlay uzilib sevdim.
Bir bor uchrab ishqning karomatiga,
Tan berdim kuydirar alomatiga,
Boʻgʻzimda dard yigʻlar malomatiga,
Yor poyida goʻyo ezilib sevdim.
Yor yurar shodlanib oʻngu soʻlida,
Ming bir bevafoning guli koʻlida,
Toʻsiqlar koʻp ekan oshiq yoʻlida,
Barchasiga bir-bir urilib sevdim.
Oʻzimni Majnun deb, yorni Layli deb,
Yorning har hajriga shoʻxlik, mayli deb,
Bir kun visollarning kelar sayli deb,
Oʻzimni ovutib kerilib sevdim.
Bekpoʻlat Baxtiyor sevgiga taslim,
Topolmay qoldimu nasabim-naslim,
Vayrona boʻliblar dilkoʻshkim qasrim,
Yorning chiroyiga berilib sevdim.


Xijolat Boʻladurman

Sogʻinchimga koʻmib qoʻysam,
Koʻzlaringni yumib qoʻysam,
Hajrim aro bagʻring oʻysam,
Oh, xijolat boʻladurman.
Hijron goʻyo yildek boʻlsa,
Manzillar ham nildek boʻlsa,
Gʻamdan diling qildek boʻlsa,
Oh, xijolat boʻladurman.
Suratingga qarab har on,
Sogʻinsamu bormay hamon,
Oʻz-oʻzimga otib kamon,
Oh, xijolat boʻladurman.
Manzillardan koʻngil yaqin,
Koʻzlarimdan chaqnar chaqin,
Hijronlarga bermay yakun,
Oh, xijolat boʻladurman.
Kuydirdingiz degin, mayli,
Suydirdingiz degin, mayli,
Men bunda ming yonib Layli,
Oh, xijolat boʻladurman.
Mayli, jonim, sogʻinib tur,
Diydor istab ogʻrinib tur,
Men ham sensiz boʻlolmay hur,
Oh, xijolat boʻladurman.


Toki Hayot Ekanman...

Turmush oʻrtogʻim Dilafruzga
Koʻnglingni qoplamasin turli gumonlar,
Ne desalar, desinu yaxshi-yomonlar,
Shu soʻzimga guvohdir yeru osmonlar,
Toki hayot ekanman, seni sevaman!
Muhabbating yashnasin koʻngil bogʻimda,
Hijronlaring boʻlmasin dardu dogʻimda,
Nasib qilsa, qarilik kelar chogʻimda,
Toki hayot ekanman, seni sevaman!
Shodlik suvlariga yuvay yuzimni,
Har tong sen ila birga ochay koʻzimni, !
Sen bilan birga quchib oʻgʻil-qizimni,
Toki hayot ekanman, seni sevaman
Yarashadi mehringdan oy kabi toʻlsam,
Jismu joningda hatto yoningda boʻlsam,
Bu soʻzlarni aytmasdim bilsam, bilmasam,
Toki hayot ekanman seni sevaman!
Bekpoʻlat Baxtiyorga yiroq endi kuz,
Jonginam dardu hasrat armonlaring uz,
Er yigit soʻzin beray, yorim Dilafruz,
Toki hayot ekanman, seni sevaman!


Na Qilay

Koʻngil gʻamdan ezilar,
Sogʻinchdan dil bezilar,
Turfa xayol kezilar,
Hayrondurman na qilay?
Yor siyrati koʻzimda,
Sevgi izhor soʻzimda,
Hech emasman oʻzimda,
Sarsondurman na qilay?
Qoʻl uzatsam, qoʻl yetmas,
Sira yorga yoʻl yetmas,
Gʻam-alamlar tark etmas,
Vayrondurman na qilay?
Shirin damlar goʻyo tush,
Hijron dilga suqar nish,
Boʻlib qoldim bir sarxush,
Jayrondurman na qilay?
Visollarga zordurman,
Hijronlarda xordurman,
Yor senga men yordurman,
Giryondurman na qilay?


Turmush Oʻrtogʻimga

Yorginam, bir lahza yonimga oʻtir,
Aytayin turmushda kerak saboqni.
Onamiz koʻnglini ishonchga toʻldir,
Koʻnglingda saqlama gumon jumboqni.
Eng avval turmushda onamni degin,
Hurmat qil, izzat qil, bilib qadrini.
Undan soʻngra mana va meni degin,
Toʻliq ado aylab yorlik ahdini.
Turmushda turli manzillar uchrar,
Unda goh choʻnqiru tekis koʻchalar.
Dil soxta, til soxta kimsalar uchrar,
Oʻrtaga soʻz qoʻshmoq boʻlar nechalar.
Uyning gapi bilsang koʻchanikimas,
Asragin siringni gʻurur oringdek.
Bugungi soʻz bugun kechagi emas,
Yoʻgʻingni bor degin goʻyo boringdek.
Gohida fe’limni senga tor qilsam,
Uddala asabim jilovlay olay.
Agarki bilmayin qadring xor qilsam,
Oʻzimni avvalgi izimga solay.
Koʻnglingda zarracha boʻlmasin gumon,
Dilingda borini aytgin bemalol.
Oʻrtaga gumonlar tushsa shu yomon,
Kelmasin soʻzga soʻz hech qachon malol.
Fikringni boricha bayon aylagin,
Tarozi qilamiz har bir fikrimiz.
Bilmasam bilganing ayon aylagin,
Va soʻngra turmushda oshar zehnimiz.
Shukr qil, nolimoq kerakmas bizga,
Onamiz duosin olib yuraylik.
Bagʻrimiz toʻlganda oʻgʻilu qizga,
Ota-ona qadrin bilib yuraylik.


Chin Muhabbat...

Inson zotin oʻlguncha boʻlar joni tandadir,
Yaxmimi yoki yomon u ham shaksiz bandadir,
Yetti yoshmi, yetmish yosh tanlamaydi koʻngilni,
Chin muhabbat aslida shu bir parcha jondadir.
Ming bor bayon boʻlsa ishq soʻzlar soʻzga ulanib,
Yolgʻon-yoshiq soʻzlardan qolsa koʻngil oʻylanib,
Oshiqlarga bir qarang qolgan kimga aylanab,
Buni koʻrib xiyonat oʻyin aylab xandadir.
Iltifotlar yoʻq aslo bir muhabbat yoʻlida,
Na nafosat, na gulgun chiroy bordur gulida,
Bir kun qolib ketmaylik gʻurbatlaring doʻlida,
Shundan yaro boʻlib dil bir kun jon ham qindadir.
Qayda qoldi sof tuygʻu begoyimlar sevgisi,
Bugun koʻngil toʻrida yoʻqdir sevgi yogʻdusi,
Qani Farhod, Majnunlar visollirin qaygʻusi,
Visol qadri qolmadi hajr faqat tundadir.
Ehtiros yoʻq koʻzlarda, ma’ni yoʻqdir ishqida,
Na bir soflik, na xushxoʻr ibo yoʻqdir rashkida,
Shirin, Layli toʻkkan yosh yoʻqdir ular ashkida,
Chunki bugun shundayin topmoqlik ham kundadir.
Muhabbatni soflik-la boshqarmoqlik sendadir,
Sening ila barobar bir qismi ham mendadir,
Koʻnglimizni sof tuygʻu chashmasiga yuvaylik,
Chin muhabbat aslida shu bir parcha jondadir.


Ojiz

Madhingni yor bitay desam,
Yurak dardim aytay desam,
Senga devon saylay desam,
Bilsam senga qalam ojiz.
Gulgʻunchadek kulib tursang,
Menga yuzing burib tursang,
Yuragimda urib tursang,
Yonginangda men ham ojiz.
Dilbogʻimdan gullar tergin,
Yuzing magʻrur shodlab kergin,
Sen dardingni menga bergin,
Yigʻlasang gar jolam ojiz.
Kuydirgidir hayot asli,
Davomiydir tashvish nasli,
Umrimning har goʻzal fasli,
Men-la boʻlsang gʻam ham ojiz.
Labing qirmiz, lola gʻuncha,
Yuzing oydek toʻlgan kulcha,
Goʻzaldirsan yorim buncha,
Ming bir turfa sanam ojiz.
Oh, qoshlaring kamon yoydek,
Oʻn besh kunlik toʻlgan oydek,
Doim kulib yurgin shundek,
Sen shodlansang, kulsam ojiz.

  1. Bekpoʻlat Baxtiyor. «Koʻzim karosi», 2014