OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBilge Karasu
Asar nomiTut xiyoboni (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Postmodernizm
Mualliflar
   - Bilge Karasu
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHikoyat Mahmudova
Hajm26KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tut xiyoboni (hikoya)
Bilge Karasu

Tut novdalari yana koʻm-koʻk barg bilan qoplana boshladi. Hatto ishonging kelmaydi.

* * *

Oshxonaga borib non kesish va non solingan tarelkani stolga qoʻyish uchun pianino oldidan pastga tushdim Keyin onam ovqatga chaqirguncha yana birinchi barmoqlar uchun ekzersislarni chalishga kirishdim. Stol atrofiga oʻtirgach, tarelkaga qoʻlimni choʻzdimda, tepasida yotgan non boʻlagini oldim. Uning tagida chayon oʻtirardi. Yopinchiqsiz qolgan chayon nishini vahshat bilan yuqori koʻtardi.

* * *

Muzika darsi tugadi. Otam qoʻlida gazeta koʻtarib xonaga kirishi bilan muallima tezda uning istiqboliga turdi.
—U meni bugun butunlay aqldan ozdiryapti!

Bu albatta, men haqimda. Lekin dars boshlanmasdan ilgari nimadir roʻy berganini angladim. Avvaliga, rosa gapni olib qochib, mening gʻayritabiiy yalqovligim ustida toʻxtaldi, keyin otamni ogʻiz ochishga qoʻymay, uni nima maqsadda konsulxonaga chaqirganlari haqidagi gapga oʻtdi. U benihoya hayajonda edi.
—Tasavvur qiling-a, sinor Karasu, qandogʻam chayon-a, qandogʻam gazanda-ya.

Chayon deb u Mussolinini atardi, men buni yaxshi bilardim, «gazanda» esa men uchun yangi soʻz edi. Men haqimda butunlay unutib qoʻyishdi.

* * *

1960 yilning iyuni edi. Hatto ishonish qiyin: tut novdalari yana koʻkaryapti. Atigi bir oy burun bechora barglar kapalakqurtlarning bosqiniga uchragandi, ular barglarni shundoqqina koʻz oldingizda kemirib tugatishgandi. Hozir boʻlsa, men tut xiyoboniga burilib, daraxtlarning soya-salqinida osoyishta oʻtib borardim. Quyuq barglar orasidan iyun quyoshi oʻta olmaydi. Daraxtlar ostidagi oʻt-oʻlan koʻm-koʻk va top-toza.

* * *

Men pianino qopqogʻini ohista yopib, taburetkadan polga sirgʻalib tushdim. Taburetkaning murvati ishlamas, qoʻlim esa klavishga yetmasdi, shuning uchun ostimga uchta yostiq qoʻyib berishardi. Men ularni tushirib yubormaslik uchun ehtiyotla tushdim. Qeyin yostiqlarni chorpoyaning ustiga tartibi bilan sidqidildan taxlab, ochiq derazaga yaqinlashdim.

Xonaning ichkarisida, ulkan, naq shiftga yetgudek javonning tillakor rahidagi oynasi gʻira-shira koʻzga tashlanadi. Javonning yuqorisidagi marmar plita oʻz ustida turgan pushtirang, xuddi tarvuzning goʻshtiga oʻxshash abajurli chiroqni akslantirardi. Esimni tanibmanki, intiq boʻlib kutishimga qaramay, lampa hech qachon yoqilmasdi. Javonning yonida chorpoya turardi, uning ortida esa, mening anglashimcha, mixlab tashlangan eshik bor. Uningʻ biror martayam ochilgani-ni koʻrmaganman. Qoʻshni xonadan:
— Yashavor! Bugun yaxshi ishlading. Endi dam olsang boʻladi,— degan ovoz eshitildi.

Orqamdan mushuk kelib, oyna rafiga sakradi, keyin kerishib, tumshugʻini iyagimga surkay boshladi. Men chorpoyada yotgan, qoʻshni kioskadan sotib olingan «Domenika del korrere» nomli jurnalni oldim. Jurnalni shundoqqina mushukning ustiga qoʻyib, varaqlay boshladim.

* * *

Qoʻlim daraxt tanasini silaydi — u top-toza. Boshimni koʻtardim, na biror oʻrgimchak uyasiyu, na biror ingichka ipda tebranib turgan qurt koʻzga chalinadi. Aftidan, yanglishayotganga oʻxshayman. Ha, albatta, yanglishyapman.

Oʻshanda buvim bu olam bilan vidolashayotgandi, shuning uchun ota-onam meni xolamnikida muzika bilan shugʻullanishga joʻnatishgandi. Demak, oʻttiz sakkizinchi yilning may oyi ekan. Men maktabga borishim kerak edi. Agar hali bormagan boʻlsam, unda, demak, oʻttiz oltinchi yil birovning yordamisiz fortepyanoda shugʻullana olarmidim? Muzikani oktyabrdan oʻrgana boshlagandim. Oʻttiz oltinchi yilning may oyida chiqqan jurnalning birinchi betida Franko bilan Mussolini qoʻshinlarining gʻolibona yurishini tasvirlovchi suratning bosilishini tasavvur qilish qiyin.

Jilmayayotgan, qoraqosh, qorakoʻz, qonga boʻyalgan bint bogʻlangan yaradorlar, popukli shapka kiygan soldatlar dud va chang toʻzonida olgʻa qarab borishardi. Men oʻshanda rasmlar ostidagi yozuvni oʻqiy olarmidim? Oʻttiz beshinchi yili italyan tilini oʻrgana boshlagandim, alfavitni yod olib, hatto ba’zi bir oddiy gaplarni oʻqiy olardim. Lekin jurnal oʻqishga faqat oʻttiz yettinchi yildagina tishim oʻtgandi. Har holda, men oʻquvchi edim. Ha, aytganday, maktabga kuzdan qatnay boshladim. Lekin bandalikni bajo keltirayotgan buvimchi? Bunisi endi aniq, oʻttiz sakkizinchi yil, may oyi edi. Men bu vaqtda maktabga qatnardim, oʻshanda esa dam olish kuni edi.

Mushukni iyagim bilan erkalatgancha, avval jurnalning birinchi betidagi rasmni diqqat bilan tomosha qildimda, keyin odatdagicha, rangli illyustratsiyasi boʻlgan oxirgi betni ochdim.

Yalang oyoq, bosh yalang, dahshatdan koʻzlari olayib ketgan qora tanli odamlar qoʻllarini jon holatda silkitgancha chopib borishardi. Ulardan ba’zilarining qoʻlida uchi oʻtkirlangan yogʻoch. Ketlaridan tanklar siljimoqda, havoda samolyotlar uchmoqda. Hammayoqda portlashdan agʻdar-toʻntar boʻlgan tuproq, chang, dud, olov... Qora tanlilarni popukli shapkalariga pat qadab olgan odamlar ta’qib qilmoqda, qiya ushlagan qurollarining stvolida oʻtkir pichoq yaltiramoqda. Keyinchalik popukli shapka kiygan soldatlar «bar-selerlar», quroldagi pichoqlar esa nayza, deb atalishini bilib oldim. Lekin asosiysi, shapka kiyib, nayza oʻqtalgan mana shu odamlar ham, zaminu osmonni qoplagan oʻt-alanga ham — hammasi qora tanlilarni oʻldirishga qaratilgan edi. Qiziq, buni qayoqdan bila qoldim ekan? Rasmning tagiga yozilgan yozuvdanmi yoki oʻsha vaqtda italyanlar Afrika mam-lakatidagi Abissiniya degan joyda odamlarni qirgʻin-barot qilayotganlariga aqlim yetib qolganmidi, bilmayman? Esimda, bir kuni koʻchada toʻs-toʻpolon boʻlayotganini eshitib, men dagʻ-dagʻ titragancha otamning oldiga yugurib borib, Afrika bizlardan uzoqmi, yaqinmi, deb surishtira boshladim. Yaqinligini eshitgach, afrikalik odamxoʻrlar bostirib kelishyapti, deb oʻyladim. Lekin bu birmuncha kechroq roʻy bergandi. Otamdan afrikalik odamxoʻrlar haqida soʻragan vaqtimda, ular qanday qilib qichqirishlarini bilardim, «Tarzan» kinosida koʻrgandimda. Demak, oʻttiz oltinchi yilning mayi ekan.

Xotiram ayrim esdaliklarnigina ilgʻab olmoqda, men anchayin qiyinchilik bilan ularni bir tartibga, birin-ketin qilib qoʻyishga urinardim.

* * *

Barglarda na birorta oʻrgimchak osilib turar, na birorta kapalakqurt koʻzga tashlanardi. Yerda esa toʻkilgan bargdan nom-nishon yoʻq.

Oʻsha kunlari, pochtaga ketayotib, oʻzimni har qancha allada aziz, toʻrvada magʻiz qilsam ham, bari bir egnimdan uch-toʻrtta kapalakqurtni olib tashladim. Qadam tashlagan saring chang-tuproq orasiga tushib qolganlari gʻichirlar, oyogʻim bilan bosganimda esa qarsillab yorilardi.

* * *

Men stol ortidan turib, otashkurakda haliyam nishini sanchish uchun tayyorlab turgan chayonni ehtiyotkorlik bilan qisib olib, koʻmir yonib turgan pechga tashladimda, uning eshikchasini berkitdim. Avvaliga vishillash eshitilib turdi, keyin xuddi joʻxori doni yoki kashtan yorilgandagi kabi qarsillash eshitildi. Onam non solingan taqsimni olib ketdi. Biz boshqatdan non kesa boshladik....

* * *

Daraxtlardagi barglar xuddi ipak qurti uchun tutgan qutichamdagiday qandaydir ikki-uch kun ichida tugadi-yu qoldi. Koʻkfurush har kuni ertalab yangi kesilgan tut bargini olib kelib berar va ular koʻz ochib yumguncha tamom boʻlardi. Ochofatlik bilan yeb bitirilayotgan barglarning kursillashiga quloq tutgancha quticha ustida uzoq vaqt qolib ketardim.

Daraxtdagi barglar miq etmay halok boʻlishardi. Darvoqe, ular balki kapalakqurt kemirayotganda kursillasa keragu, faqat biz uni eshitmas edik, chunki ularning kursillashini daraxt ostiga dam olish uchun toʻxtagan soldatlarning gap-soʻzlari va kulgilari bosib ketgandi.

Bizdan ikki kilometr naridagi maydonda namoyishchilar olomoni joʻsh urmoqda edi. Odamlarni haydashar, urishar, qamoqqa olishardi, ular esa yana yigʻilishib ashula aytgancha olgʻa bosishardi. Bu yerda esa soldatlar ohista gaplashgancha kulishar, papiros chekishardi. Biqqidek kapalakqurtlar barglarni qiyratisharkan, yashin tezligida kattalashayotgan boʻksalari xuddi kapgirdek tebranib turardi. Xatlar kechikar, gazeta va jurnallar esa butunlay kelmay qoʻygandi. Men oʻzimcha daraxtlarda birortayam barg qolmaydigan kunni tasavvur qilardim.

* * *

Daraxtlarga qarayman —barglarning qalinligidan tangadek nur ham yerga tushmasdi.

* * *

Bir oydan keyin daraxtlar yana koʻkara boshladi. Kapalakqurtlar tomonidan tap-taqir qilib yeb bitirilgan, mazut bilan zaharlangan barglar yana tirilib qoldi.

* * *

— Ular bizni poylab turib, kaltaklashardi,— deya hikoya qilardi muallima. (Men ulgʻayib qolgandim, shuning uchun hikoyalarini eshitishga menga ham ruxsat berardi.)—Bir kuni teatrdan chiqib kelayotsak, bizni kaltaklar bilan kutib turishgan ekan, ikkinchi gal esa kinoning oldida shu hol qaytarildi.

U ota-onamga oʻzi haqida juda uzoq hikoya qildi, lekin men hali koʻp narsani tushunmasdim. Sumkasidan fotokartochka olib oyim bilan dadamga koʻrsatdi. Suratda judayam chiroyli odam aks ettirilgandi.
— Bu mening erim,—dedi u gʻurur bilan, keyin rasmni menga uzatdi.

Rasmning qora fonida uning shaffofday tiniq koʻzlari ayniqsa ajralib turardi. Muallimaning aytishicha, ular och havorang ekan. Xiyolgina tanqaygan, ingichka, qirgʻiyburun. Suratdagi odam yonboshidan olingan edi. U menga, toʻgʻrirogʻi, chap yelkamga xayolchan qarayotganga oʻxshab tuyuldi. Pastki qalin labi bilinar-bilinmas kinoyali jilmayishga chogʻlangandek xiyol koʻtarilib turardi. Sochlari sap-sariq boʻlsa kerak.
— Uning ismi nima?—deb soʻradim suratni qaytarib beraturib.
— Jiji.
— Hozir u qayerda?
— Uzoqda, Argentinada.

«Nega?»—deb soʻramoqchi boʻldimu, lekin bu odobdan boʻlmasligini tushunib, indamay qoʻya qoldim. Usha kuni muallima eri haqida faqat dadam bilan oyimga gapirib bergandi. Men esa bu voqealarni keyinroq bilib oldim. U menga hikoya qilishni lozim topgan payim lavhalarnigina soʻzlab bergandi. Uning gapiga qaraganda, Jiji suratda koʻringandek yoqimtoy emas ekan. Keyin men bu hazil tasnif ortida uning eriga boʻlgan muhabbati va sogʻinchi yashiringanini sezib qoldim.

* * *

Shu vaqtgacha men daraxtlar yiliga — hatto yiliga nima degani, oyiga!—ikki marta barg bilan qoplanishiga ishonmasdim. Endilikda esa men buning shohidi boʻldim va bunday gʻaroyibotni oʻz koʻzi bilan koʻrgan baxtli odam sifatida dunyodan koʻz yumaman. Daraxtlar yashashni xohlashardi, shuning uchun ham qurtlarning hujumiga qaramay, hayot buyurgan ishni bajo keltirishardi. «Nahotki, rasvosi chiqib, kemirib gʻajilgan qoldiqlar oʻrnida yana mevalar ham pay-do boʻlse?— deb oʻylardim.— Nahotki, daraxtlarda mana shunga ham kuch-quvvat topilsa? Axir, mevalar hali-hozircha daraxtga unchalik kerak ham emas-ku...»

Men daraxt tanasini siladim. U xuddi bargidek top-toza edi.

* * *

«Siz katolichkamisiz?»—«Ha».— «Buni nima bilan isbot qilasiz?»—«Bu bilan nima demoqchisiz?»— «Dalil-isbot keltiring».—«Nimalar deyapsiz, oʻzi nima gap? Siz axir kashish emassiz, biz ham cherkovda emas, konsulxonadamiz. Boz ustiga, bu mavzu...»—«Quloq soling, xonim. Hammasi siz oʻylaganday joʻngina emas. Siz padre M. ni bilasizmi?»—«Yoʻq, bilmayman. Men faqat uning bu yerga kelayotganligini eshitgandim. Aytishlaricha, uning tariqati kimgadir xush kelmaganmish va u Sardiniyaga tayinlangan padre S. ning oʻrniga kelayotganmish. Mana shu yakshanbada uni ilk bora koʻrish sharafiga noil boʻlaman. Oʻzingiz ham u bilan tanish boʻla olmasligimni besh qoʻlingizday bilasiz-ku...»—«Ha, gapingiz toʻgʻri... Ammo-lekin men sizni ancha yildan beri bilaman. Shu kunlarda olingan koʻrsatmaga muvofiq...»—«Siz mendan gunohkor emasmisiz, deb soʻrashingiz lozim edi...»—«Hazil-mazaxni bas qilishingizni soʻrayman!...»

Shunda mening gʻazabim qoʻzib ketib uning jigʻiga tegish uchun «Xudoyo...»ni oʻqiy boshladim-da, surani boshdan-oyoq aytib berdim. Soʻng: «Boʻldimi?»— deb soʻradim. U bunga ishondi-qoʻydi deb oʻylaysizmi? U meni yana choʻqinishga ham majbur qildi.

Dadamning lablari qiyshayib ketdi.
— Qanday kunlarga qoldik-a.
— Hali bu xamir uchidan patiri.

Davomini eshiting: «Xoʻp, mayli,— deydi,—siz katolichka ham boʻla qoling. Men sizni cherkovda bot-bot koʻrib turardim. Ayting-chi, onangiz juhud boʻlganmi?»—«Bunday bema’nilikni qayerdan oldingiz?»— dedim. Oʻzimcha suhbatni shu . taxlit davom ettirishga uyalsa kerak, deb oʻylovdim. Qayda? «Uning ismi Rashel boʻlgan,— deydi.— Shunday emasmi?» Men uning yuziga tik qarab: «Sinor Mussolinining,— xuddi shunday dedim: duche Mussolini emas, sinorning, ha-ha, shunday deganimda hammasining yuzi koʻkarib ketganini koʻrsangiz edi!— sinor Mussolinining oilasida ham, bilishimcha, donna Rashel degan ayol bor. Nima, u ham juhudmi?» Tillarini tishlab qolishdi. Mening yangi ma’naviy otam chiqib ketdi, nemisga oʻxshagan ayol bilan elchixona xodimi deraza oldiga borishdi. Keyin yana boshidan boshlandi:

«Erga tekkanmisiz?»—«Ha».—«Lekin eringiz Turkiyada emas-ku?»—«Yoʻq, u Argentinada, Buenos-Ayresda. Har holda, oxirgi xatni oʻsha yerdan olgandim».— «Siz undan xat olib turasizmi?»—«Oʻn yilga yaqin hech qanday xat-xabar olmagandim».—«Uni barhayot deb oʻylaysizmi?»—«Bilmayman».—«Siz u bilan bogʻlanishga urinib koʻrmadingizmi?»—«Urinib koʻrdim. Lekin buning uddasidan chiqolmadim».—«Yaxshi, xonim, rahmat. Bezovta qilganimiz uchun kechiring.» Bu aql bovor qilmaydigan razillik, oʻta darajada dahshat edi. Ularga nimadir kerak edi. Ammo-lekin nima kerakligini ularning oʻzlari ham bilmasdilar. Ular meni tilimdan ilintirishmoqchi boʻlishgandi. Hamma narsa haqida qatorasiga soʻrashardi. Agar Jiji oʻlgan boʻlsachi. Balki ular uning oʻlganligini bilib olishgandir! Unda ahmoqona soʻroq-javobning nima hojati bor? Agar sogʻ-salomat boʻlsa, unda nimaga meni chaqirishdi ekan-a? Axir, boshqalarni chaqirishmayapti-ku. Xoʻp, mendan boshlashdi, deb taxmin qila qolaylik. Lekin ular, siyosatga hech qanday aloqam yoʻqligini besh qoʻllariday bilishadi-ku. Ularga bor-yoʻq tanishlarim — bular oʻquvchilarim, ularning ota-onalari hamda eski qadrdonlarim ekanligi ma’lum-ku. Ular shuningdek, kasaldan boshim chiqmasligini ham bilishadi. Nemislar ularni majburlashganga oʻxshaydi. Kechirim soʻrab qoʻyib yuborishdi. Hozirgacha hech vaqoga aqlim yetmaydi. Gʻalati, a, toʻgʻrimi?
— Ha,— dedi dadam.— Gʻalati.
— Qani, sinora Pozzi,— deya jilmaydim.— Keling, oxirigacha gʻalati boʻla qolaylik. Bizga «Jovinetssu» ni chalib bering!

U menga qahrli nazar tashladi-da, keyin kulib yubordi.
— Nima qipti? Chiroyli qoʻshiq, u menga yoqadi.

Fashistlar kuylashgandan keyin nega endi bizga aytish mumkin emas ekan?

U fortepyanoga oʻtirdi. Men uning ortiga turdim.
— Yoshlik... goʻzallik...

Qoʻshiq «yoshlik» soʻzi bilan boshlanardi. Albatta, u oʻzining yoshligini, Jijisini eslagandi-yu, lekin fashist yoshlarining qoʻshigʻi bilan oʻz baxtining parokanda boʻlishi oʻrtasida aloqa borligini unutib Qoʻygandi. Uning Jijisi, telbalarcha sevib, u tomonga oshiqayotgan sevgilisi endilikda uzoqda edi. Unga yetib olishga chogʻi kelmasa ham ortidan yugurgani-yugurgandi. Uning ovozi avjlanib, tobora.balandlanar va mana hozir uzilib qoladi, deb oʻylaganingda yana ohista pasayardi. YO xudoyim-ey, qanday ajoyib kuylaydi-ya!

Mussolini shturmoviklarining kaltagidan Turkiyaga qochib kelgan ayol, Turkiyada «Jovinetssu»ni kuyla-moqda edi. Mana shunga ishonib boʻladimi, axir.

* * *

Men hozir qarab turganim manavi barglarga ham qanday qilib ishonish mumkin?..

* * *

Ikki soatdan keyin esa London radiosi orqali «Lilli Marlen»ni eshittirishdi. Qop-qora tunning sokinligi aro notanish qoʻshiqchining past, xirildoqroq, gʻamgin ovozi taralardi. U Berlin uzra dam pasayib, dam balandlashib odamlarning qalbida gʻam-anduh va muhabbat sogʻinchini qoldirardi.

Qahramonlar oʻshanda hali oʻzlari ham oʻz qahramonliklarini anglab yetmagandilar.

* * *

Avvaliga men hech narsani sezmadim. Tut xiyoboni orqali pochtaga ketayotgandim. Oʻng tomonimda ohista suhbatlashayotgan ovozlarni eshitdim. Daraxt ostida uchta soldat miltiqlarini chorpoyaga qoʻyib, chekib oʻtirishardi. Men hatto toʻxtab qoldim. Hamma daraxtlarning tagida soldatlar oʻtirishardi. Ular bu yerda nima qilishyapti? Ularning boʻgʻiq kulgilari quloqqa chalinardi. Bizdan ikki chaqirim naridagi Qizilay maydonida miting avjida edi. Demak, namoyishchilarni oʻrab olishibdi-da.

Qoʻshiq kuylayotgan miting qatnashchilari bizning oldimizgacha yetib kelishsachi? Ular qoʻllarini bir-birlariga berib, shaxdam qadam tashlagancha kelishyap-ti. Ularga «toʻxta!» deyishlari turgan gap. Lekin ularni toʻxtatadigan kuch yoʻq. Soldatlar oʻt ochishadi. Aprelda ham xuddi shunday boʻlgan edi. Avval Istambulda, keyin Anqarada. Odamlarga qarata otishgandi, lekin ular bari bir qoʻshiq aytgancha jahannam oʻtini pisand qilmay bostirib kelishavergandi...

Hozir boʻlsa sokinlik hukmron edi. Na qoʻshiq, na ur-yiqitlar, na baqiriq-chaqiriqlar bularning hech qaysisi bizgacha yetib kelmasdi.

Pochtaga kirayotganimda bexosdan yongimga qarab titrab ketdim: u yerda koʻm-koʻk semiz qurt oʻtirardi. Men beixtiyor boshimni changallab qoldim — gardanimda yana bitta, avvalgisidan ham koʻkroq va semizroq qurtni qoʻlim paypasladi. Men toʻxtab, it choʻmilibchiq qanidan keyin silkingandek silkina boshladim, pochta xodimlari esa menga quvnoq hamdardlik bilan qarab turishardi. Yoshgina qizcha menga yaqinlashib yelkamdan yana bitta qurtni olib, oyogʻi bilan majaqladi. Bundan butun a’zoyi badanim xuddi terlama bilan ogʻriganday qichisha boshladi.

Pochtadan chiqa turib, mezonga ilashib turgan kapalakqurtlarga koʻzim tushdi. Koʻpi hali judayam yuqorida edi. Faqat uchtasigina odam boʻyi balandlikka tushib qolgandi.

Kichkinalari ham yashin tezligida oʻsishdi. Endilikda pochtaga soyabonsiz borib boʻlmasdi.

Bizdan ikki kilometr narida esa, qamoqqa olinganlarning soni ortib borardi.

* * *

Rimda faqat fashistlarning gazetasi chiqardi, faqat fashistlarning kasaba soyuzi ishlardi. Qolganlari taqa-taq yopib qoʻyilgandi. Tez orada partiyalarni ham taqiqlashlari ayon boʻlib qolgandi. Yangiliklarni bir-birovlariga shivirlab yetkazishardi. Hamma yangidan-yangi falokatlarni kutardi.

Jiji Fransiyaga ketgandi, keyinchalik xotinini ham birga olib ketmoqchi boʻlgandi, lekin u tezda qaytib keldi. Ikki kundan keyin esa xorijda yurganlarni grajdanlikdan mahrum qilish haqidagi qonun chiqarildi. U vatanidan mosuvo qilishlaridan qoʻrqardi. Ayol erining bu haqda elburutdan qayerdan eshitganligini soʻrashga botinolmadi. U hammasini soʻzsiz tushunardi. Har kuni bir-biridan xunuk xabarlar olishardi. Kimnidir oʻlasi qilib kaltaklab ketishgan boʻlsa, boshqasini qorongʻi burchakka sudrab olib kirib bir shisha surgi dorini ogʻzidan quyishgan. Kimlarnidir oʻldirib, yana kimlarnidir mayib qilib ketishardi.

Bir kuni teatrdan chiqib kela turib, orqalaridan ta’qib qilishayotganini sezib qolishdi. Jiji unga:«Biror-bir eshikka sezdirmay lip etib kirib olish uchun qadamni tezlashtirish kerak»,— deb shivirladi. Yorqin chiroq shu’lasida bizga hujum qilmasliklariga aqlimiz yetganidan koʻchaning boshigacha bir me’yorda yurib bordik, ta’qibchilar ham qorama-qora kelishayotgandi.

Er-xotin qop-qorongʻi muyushga shoʻngʻidik. Aksiga, taksi ham uchramasdi. Agar, mabodo, uchragan taqdirda ham yordam berishi qiyin edi. Ular qorongʻilikka kirgan zahotilari Jiji Juliyaning qoʻlidan mahkam ushlab oldi va kuchlarining boricha yugurib ketishdi. Juliya yoʻl-yoʻlakay tuflisini ham yechib oldi. Toshga urilgan sari oyogʻi chaqa boʻlib qichishar, lekin qoʻrquv, hayvoniy qoʻrquv uni chopishga undardi. Ta’qib qilayotganlarni chalgʻitish maqsadida ilonizi qilib qochib borishardi. Jon achchigʻida qochib borarkanlar, tobora madorlari quriyotganini sezishardi. Xoh dangʻillama, xoh juldur-voqi boʻlsin, barcha uylarniig eshiklari , taqa-taq berk edi.

Ular ta’qibchilar qolib ketishdimikin, deb toʻxtab, quloq solishdi. Shu zahoti muyulishda chopib kelayotganlarning tapira-tupuri eshitildi. Jiji, asli florensiyalik boʻlsa ham, lekin Rimning bu rayonini besh qoʻliday bilardi. Shuning uchun zimiston boʻlishiga qaramay xotinini dadil boshlab borardi.
— Xudoga shukur. Oʻsha vaqtdagi modaga mos kalta yubkada edim. Florensiyada, albatta, hech qachon bunday qilmagan boʻlardim. Rimda esa bir oz oliftalik qilishga jur’at qila olardim.

Juliyaning nafasi qisa boshladi. Jiji uni deyarli ortidan surgab borardi. Birdan ular qiya ochiq eshikni koʻrnb qolishdi-da, oʻzlarini oʻshaeshikka urishdi. «Eshik sizlar uchun yopiq!..»—keksa odamning doʻrillagan ovozini eshitishdi. Unga javob bermay, Jiji xotinini quchoqladi va ular harsillashlari sezilib qolmasligi uchun ham uzoq oʻpishib turdilar. «Chet elliklarga xona bermaymiz»,— deya gapida davom etdi boyagi ovoz. Ta’qib qilibkelayotganlarningqadamlari shundoqqina yaqinlaridan eshitildi. Ularning soʻkinishlari aniq-taniq eshitilib turardi. Keyin oyoq tovushlari uzoqlashdi. «Qani, tuyoqlaringni shiqillatib qollaring-chi!— qorongʻilikdan horgʻin buyruq berdi allakim.— Senlarni deb boshim baloga qolishini istamayman!» Ular indamay tashqari chiqishdida, devor yoqalab sekinlik bilan keta boshladilar. Oʻn qadam ham yurishmagandiki, ortlaridan eshikning taraqlab berqilgani eshitildi. Kimdir ularni quvib kelmoqda edi. Ular turgan joylarida tirrakdek qotib qoldilar. Yonlaridan qunduz yoqali palto va qalpoq kiygan, hassasidagi kumush naqshini yaltiratgancha bir kishi oʻtib ketdi. Keyinchalik ular oʻsha oʻtkinchini eslab ichaklari uzilgudek kulishgandi. Lekin oʻsha dahshatli tunda kulishga hol-qudratlari yoʻq edi. Ular har qadamda orqalariga alanglagancha devor yoqalab pisib borisharkan, yuraklari otilib ketguday dukillardi.
— Ikkinchi marta yigirma toʻrt kundan keyin shu holga tushdik. Biz kinodan chiqib kelayotgandik.

Yomgʻir yogʻayotgandi, Juliyaning qoʻlida shamsiyasi bor edi. Jijining qoʻlida esa metall qoplamali yogʻoch, choʻntagida pistoleti bor edi. U endi doim qurol bilan yurardi. Ular bilan Jijining ukasi ham birga edi. Yigitcha ham uch haftadan beri finka pichogʻidan ajralmasdi. «Akamga tirgʻalishibdi, demak, menga ham hujum qilishlari hech gap emas»,— deb mulohaza yuritardi.

Hujum qoʻqqisdan boʻldi. Juliya burchakka biqinib olib, jon-jahdi bilan butun kvartalni boshiga koʻtarib qichqirgancha, kuchining boricha shamsiyasi bilan yon-veridagilarni doʻpposlardi. Hech kim yordam qoʻlini choʻzmadi. Bunday voqealar hozirda odatiy holga aylanib qolgandi. Odamlar deraza romlarining tirqishidan moʻralashardi-yu, lekin hech kim koʻchaga chiqmasdi. Bugun bularni urishsa, ertaga boshqalarini urishadi. Keyin ularning oʻzlariga hujum qilishadi, oʻshanda ular ham yakka-yolgʻiz, himoyasiz qolishlari aniq.
— Ammo-lekin oʻshanda ularni rosa adablarini bergandikda oʻziyam. Toʻgʻri, toʻs-toʻpolonda ancha-muncha surobimiz toʻgʻri boʻlib chiqdi. Pistoletdan foydalanmadigu, lekin xanjar oʻz ishini qildi. Shunisi ajablanarliki, banditlar faqat kaltaklar bilan qurollanishgandi. Ular mushtlashuvni qanday bexosdan boshlashgan boʻlsa, shunchalik tez tamomlashdi. Bir joyga toʻplanib, Jiji bilan ukasiga: «Bu sizga saboq!»— deb baqirishdida, koʻzdan gʻoyib boʻlishdi. Pichoqdan qoʻrqib ketishdi, shekilli. Men oʻzimiznikilarning oldiga chopib bordim. Hammayogʻimiz qonga belangandi. lekin uyga oʻz oyogʻimiz bilan yetib oldik. Oʻshandan keyin kechqurunlari koʻchaga chiqmaydigan boʻldim. Jiji esa, faqat majlisga borgandagina meni yolgʻiz tashlab ketardi, xolos. Tez orada biz Istambulga koʻchib oʻtdik.

Istambulda Juliya dars bera boshladi, Jiji yuk kemasiga ishga joylashdi. Kunlardan bir kun unga kemadan xat olib kelib berishdi, unda Jiji Buenos Ayresda qolganligini xabar qilishgandi. Uch yildan keyin u kelib, yana bir yilcha sabr qilib turishini iltimos qildi. Lekin Juliya hech qayoqqa borishni xohlamadi, eri esa yigʻlardi.
— U koʻrkam, kuchli, xushchaqchaq, hozirjavob edi. Lekin qanday qilib u yerda Mussolini bilan olishmoqchi edi? Buning befoydaligini tushunishga aqli yetmasmidi yoki.

* * *

Yoki bu odamlar azob-uqubat chekish, oʻldirish, otish uchun tugʻilishganmidi? Birlari, qoʻshiq aytgancha maydonlarda marsh qilib yurishar, boshqalari esa, oxirgi yangiliklarni bir-birlariga yashirin tarzda yetkazishardi. Ularni politsiya haydar, kaltaklar, tutib qamardi, lekin ularning safi borgan sari oʻsib borardi. Koʻpchiligi esa koʻrsichqonga oʻxshab teshik-tuynuklarga oʻzini urardi. Tut barglarini yamlagan qurtlar rasvosini chiqargan daraxtlardan yerga tushib olish uchun. bahorning oxirida yana oʻz uyalarini toʻqiy boshladilar.

Bir necha haftadan keyin shlanga koʻtargan odamlar kelishdi. Ish boshlandi. Tevarak-atrof shunaqangi sasib ketgandiki, pochtaga ketayotganimda ogʻzim bilan burnimni kaftim bilan berkitib olardim. Soldatlar ham bu yerdan daf boʻlishgandi. «Demak, kimdir daraxtlar haqida oʻylayotgan ekan-da,— deya sevindim.— Balki, birgina mazutning oʻzi kamlik qilar? Balki, gugurt bilan.»

Olov bilan tozalikka erishib boʻlarmikin? Bilmayman.

Keyin jala quydi. U soatlab yoqqanidan, daraxtlarning tagida xalqobcha paydo boʻldi, keyin selob hamma ifloslarni oqizib ketdi.

Qoʻshiqlar qattiqroq jaranglay boshladi. Oʻsha kunlar xotirasiga bagʻishlangan qaygʻuli hamda muzaffar qoʻshiqlar yangradi. Ular Dunayni toʻxtatib, uning suvlarini teskarisiga oqizish mumkin, deb kuylanadigan qoʻshiqni aytishdi. Ular gʻalaba qilishmoqda edi.

* * *

Men daraxt poyasini silagancha, yana bir bor bu tushim emasmikin, deganday uning barglariga qaradim.

Ha, mana boshim uzra bir qatrayam quyosh nurini oʻtkazmaydigan sershox tut daraxti. Dunayni toʻxtatib boʻladimi, axir?

* * *
Mana, nihoyat, tut xiyoboni tugab, men pochtaning oldiga chiqib oldim.