OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Bill Pronzini. Iqror (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBill Pronzini
Asar nomiIqror (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Bill Pronzini
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Iqror (hikoya)
Bill Pronzini

Politsiyada oʻtgan yigirma yillik faoliyatim davomida turli xil qotillik qurollarini koʻrganman. Ularni sanab sanogʻiga yetish qiyin. Ammo Filip Esherni oʻldirishgan quroldan ortiqroq dahshatli buyumni hali koʻrmagandim.

Bu inson bosh chanogʻi edi!

Biz Ed Kreyn bilan uni jasad yonidan topdik. Bir yoki ikki zarbadan soʻng u xuddi tuxumdek yorilib ketgan, lekin Esherning bosh chanogʻi ham yorilishiga shuning oʻzi yetarli boʻlgandi. Esherning boshidagi jarohatga qaraganda, zarba judayam kuchli boʻlganligi aniq edi.

Men sigaret chekkancha uchta devori shiftgacha javonlar bilan qoplangan keng xonani koʻzdan kechirdim. Ikkita javon charm muqovalari oʻngib ketgan jild-jild kitoblarga toʻla boʻlib, unchalik qiziqish uygʻotmasdi. Uchinchi javon esa Meksika va Markaziy Amerika xalqlari san’atiga bagʻishlangandi: idishlar, sopol va yogʻoch haykalchalar, qurollar... Javon yonida katta yozuv stoli joylashgan boʻlib, Esherga tegishli turli xil ma’lumotnomalar betartib yotar, roʻparada yana bitta stol boʻlib, uning ustida yozuv mashinkasi va diktofondan boshqa hech narsa yoʻq edi. Agar vaziyat boshqacha boʻlganida men xonadagi qadimiy buyumlarni astoydil tomosha qilgan boʻlardim, ammo ayni paytda menda bunday fikr yoʻq edi. Har qalay boshi majaqlangan jasad va qonga belangan bosh chanogʻi-mudhish manzara.

-Agar oʻz koʻzim bilan koʻrmaganimda bunga ishonmagan boʻlardim,-mingʻirladi Kreyn.

-Men ham.

Biz xonadan Markaziy Amerika xalqlari muzeyining boʻlimini eslatadigan mehmonxonaga chiqdik. Eshik oldida bir politsiyachi tibbiyot eksperti va sherifni kutib turar, yana bir politsiyachi esa xona burchagidagi divan yonida u yoqdan bu yoqqa borib-kelardi. Divanda esa tizzalarini quchgancha Duglas Felkoner-kulrang shim va toʻq koʻk rangli koʻylak kiygan ozgʻin, qirq yoshlardagi kishi oʻtirardi. U toʻgʻriga qaragancha shishalari qalin koʻzoynagi ostidagi koʻzlarini pirpiratar va koʻrinishi beozor edi. Ammo yarim soat oldin aynan u politsiyaga qoʻngʻiroq qilib, Filip Esherni oʻldirganini aytgandi. Uning gapiga shubha qilishga hojat yoʻq edi, chunki oʻng kafti va koʻylagi yengida qon dogʻlari qotib qolgandi.

U marhumning shaxsiy kotibi boʻlib ishlar va shaharning eng nufuzli hududlaridan birida joylashgan ispancha uslubdagi Esherning mana shu hashamatli villasida turardi. Uning aytishicha, qotillik gʻazab sababli yuz bergan, ammo nima uchun qotillik quroli sifatida gʻayritabiiy buyumdan foydalanilganiga tushunolmay turardik.

Felkoner boʻshliqqa mavhum nigohini tikkancha oʻtirardi. Men uning yoniga kelib engashishim bilan u choʻchib tushdi va menga qaradi. Ammo uning koʻzlari hali ham ma’nosiz boqardi.

-Xoʻsh, janob Felkoner,-soʻz boshladim men,-huquqlaringizni aytib oʻtdik, agar istasangiz, advokat chaqirishimiz mumkin. Hammasi qanday sodir boʻlganini aytib berasizmi?

-Hammasini aytib boʻldim.-U xotirjam edi.-Esherni men oʻldirdim. Avvaliga bu ishni oʻgʻri sodir qilgandek qilmoqchi boʻldim, lekin bundan hech narsa chiqmasligini tushundim. Vaqtim yetarli edi, ammo yolgʻon gapirishga oʻrganmaganman. Bundan tashqari... menga baribir boʻlib qoldi. Detektiv, men charchadim.

-Nega bunday qildingiz?-soʻradi Kreyn.

Felkoner asta boshini chayqadi, biroq bu uning javob berishdan bosh tortayotganini anglatmasdi, bu harakati bilan u oʻzini qoʻlga olishga urinayotgani koʻrinib turardi. Biz ertami-kechmi u hammasini aytib berishini bilardik, uni shoshirishning hojati yoʻq edi. Ammo baribir sabrim chidamadi:

-Nimaga uni bosh chanogʻi bilan oʻldirdingiz? Aytgancha, buni qaerdan oldingiz?

U koʻzlarini chirt yumdi, ammo darhol ochdi.

-Esherning stoli ortidagi javondan. Uni urgan paytimda Esher stolda oʻtirgandi.

-U oʻz xonasida inson bosh chanogʻini saqlarmidi?-soʻradi Kreyn.-Nima uchun?

-Unda oʻziga xos hazil tuygʻusi bor edi. Unga tashrif buyuruvchilarning oʻzini qanday tutishini koʻrish yoqardi. Bu birinchidan. Ikkinchidan esa Esher bu uning uchun memento mori ekanligini ta’kidlardi.

-Tushunmadim?

-Bu lotincha,-izoh berdi Felkoner.-«Oʻlimni yodda tut». Biz hammamiz oddiy banda ekanligimizni va bir kun kelib oʻlishimizni bildiradi.

-Judayam noxush emasmi sizningcha?

-Filip Esher juda sovuqqon odam edi va hech narsadan qoʻrqmasdi. Hattoki oʻlimdan ham. Qaysidir ma’noda oʻlim uning hayoti edi, chunki u yoʻqolib ketgan tsivilizatsiyalarni oʻrganardi.

Kreyn ikkimiz bir-birimizga qaradik.

-Batafsilroq gapirib bering,-dedim men.

-U yangicha ish olib boradigan antropolog edi, ya’ni kashfiyotlari orqali pul ishlardi. Kolumbgacha boʻlgan Markaziy Amerika xalqlari madaniyati haqida bir nechta risola chop etgach, koʻplab universitetlar uni ma’ruza oʻqigani chaqirishdi. Bu esa yaxshi pul degani.

-Siz uning kotibi boʻlib ishlardingizmi?

-Ha, tadqiqotlarida yordam berardim, Meksikaning turli hududlariga uyushtirgan safarlarida birga boʻlganman, yozganlarini tahrir qilardim, qoʻlyozmalarini oqqa koʻchirardim.

-Qanchadan beri?

-Sakkiz yildan beri.

-Shu yerda yashaysizmi?

-Ha.

-Uyda yana boshqa odamlar ham yashaydimi?

-Yoʻq. Esherning xotini bir necha yil oldin ketib qolgan, boshqa qarindoshlari esa yoʻq.

-Siz boshligʻingizni oʻldirishni ancha oldin rejalashtirganmidingiz?-soʻradi Kreyn.

-Shu kungacha uni oʻldirish xayolimga ham kelmagan.

-Janjallashib qoldinglarmi?

-Yoʻq.

-Unda sizni qotillik qilishga nima majbur qildi?-hayron boʻldim men.

Felkoner yana boshini chayqadi, soʻng divan suyanchigʻiga oʻzini tashlagancha achchiq iljaydi.

-Iqror. Ha... Esherning iqrorlaridan biri.

-Marhamat, davom eting.

U ogʻir xoʻrsindi.

-Kecha men taniqli antropologlarning biridan xat olgandim. U yaxshigina maosh evaziga menga oʻz kotibi boʻlib ishlashni taklif qilgandi. Men hammasini obdon oʻylab koʻrdim va ertalab «bunday omaddan yuz oʻgirish ahmoqlik» degan fikrga keldim. Ammo oʻz qarorim haqida Esherga aytganimda u ishdan boʻshashimga keskin qarshi chiqdi. U agar ishdan ketsam, tilimni tiyib yurishimga ishonolmasligini aytdi. Keyin esa agar bu yerda qolmaydigan boʻlsam u «ma’lum bir harakat» qilishini aytib tahdid qildi.

-Toʻxtang,-dedim men.-Nima uchun tilingizni tiyib yurishingiz kerak edi?

-Olti yil oldingi voqea uchun.

-Olti yil oldin nima boʻlgan?

Felkoner bir necha soniya jim oʻtirib qoldi, keyin bir yutinib olib mingʻirladi:

-Uning xotini va xotinining jazmani oʻlgan... Esherning Pontreyn koʻli yonidagi yozgi villasida.

-Ammo ikki daqiqa oldin uning xotini ketib qolganini aytgandingiz-ku!-dedi Kreyn.

-Nahotki? Boʻlishi mumkin. Olti yildan beri shu gapni qaytaraverib oʻrganib qolibman. Aslida Mildred va uning jazmani Pontreyn koʻli yaqinida oʻlgan.

-Xoʻsh-xoʻsh... Bu qanday yuz bergan?

-Ular gazdan zaharlanishgan. Bu voqea sentyabrda boʻlgan. Oʻsha kuni ertalab Esher kutilmaganda villaga bormoqchi boʻldi, oʻsha paytda yozishni boshlagan kitobini hech yozolmayotgani uchun dam olib kelmoqchi ekan. U ertalab sakkizda ketdi, men esa qiladigan ishlarim borligi uchun bir soat keyin ketdim. Borsam, Esher ikkita murdaning tepasida turgan ekan. Ular-qoʻshni shtatda boʻlishi kerak boʻlgan Mildred va notanish erkak-yotoqxonada yarim-yalangʻoch holda yotishardi. Esher ularni oʻlik holda topganini aytdi. Uning aytishicha, xona gaz hidiga toʻlib ketgan ekan, shuning uchun xonani shamollatibdi. Gazli isitgich nosozligi sababli bu fojia yuz bergan.

-Siz bu gapga ishondingizmi?

-Ha, men karaxt boʻlib qolgandim. Mildred eriga xiyonat qiladi deb hech qachon oʻylamagandim. U yosh va goʻzal edi, ammo judayam kamtar...

-Esher-chi? U oʻzini qanday tutdi?

-Juda bosiq. Ammo politsiyaga qoʻngʻiroq qilish kerakligini aytganimda, u meni eshitishni ham istamadi. Gazetada bu voqea haqida xabar bosiladigan boʻlsa uning obroʻsi va ilmiy faoliyatiga putur yetarkan. Shunda men u holda nima qilishimiz kerakligini soʻradim. U xotirjamlik bilan jasadlarni koʻl yaqiniga koʻmishimizni aytdi. Keyin Mildredning ketib qolgani haqida biror narsa oʻylab topadigan boʻldi.

-Siz rozi boʻldingizmi?

-Boshqa nima qilishim mumkin edi?-elkasini qisdi Felkoner.-Men qat’iy fe’lli emasman, buning ustiga oʻsha paytda Esherning gaplariga ishongandim. Ha, unga yordam berishga rozi boʻldim. Biz jasadlarni koʻl boʻyiga olib bordik va chuqur kavlab koʻmdik.

-Demak, siz bu sirni olti yil davomida saqlab kelgansiz,-dedi Kreyn.-Ammo bugun chidab boʻlmaydigan darajadagi voqea yuz bergani uchun uni oʻldirdingiz, shundaymi?

-Ha.

-Esher aytgan «harakat»… Sizni oʻldirishini bildiruvchi tahdidmi?

Felkoner bosh silkidi.

-U meni bu yerdan tirik chiqarmasligini aytdi.

-Olti yil jim yurganingizni hisobga oladigan boʻlsak, bu gʻalati tahdid.

-Toʻgʻri. Men ham shunday dedim.

-U-chi?

-U menga bor haqiqatni oshkor qildi,-dedi Felkoner.

Men bosh irgʻadim.

-Uning xotini va xotinining jazmani baxtsiz hodisa sababli oʻlmagan demoqchimisiz?

-U ularni yotoqxonada qoʻlga tushirgan va gʻazabi qoʻzib ketgan. Filip Esher ularni hushidan ketguncha doʻpposlagan. Agar yaxshi e’tibor berib qaraganimda ularning koʻkargan joylarini koʻrgan boʻlardim, ammo u paytda... Keyin esa ularni boʻgʻib oʻldirgan, ammo men kelgunimcha murdalarni yashirishga ulgurmagan va nosoz gazli isitgich haqidagi gapni oʻylab topgan. Agar oʻshanda unga ishonmaganimda va yordam berishga rozi boʻlmaganimda, u meni ham oʻldirmoqchi boʻlganligini oʻzi tan oldi.

-Demak, siz aytgan «iqror» mana shu ekan-da?-soʻradim men.-Siz keyingi olti yil davomida nafaqat qotilning qoʻlida ishlaganingiz, balki unga jinoyat izini yopishga yordam berganingizni bilganingizdan keyin, buning ustiga u sizni ham oʻldirishini aytgach, oʻzingizni tutolmay bosh chanogʻini olib uning miyasiga tushirgansiz. Toʻgʻrimi?

-Unchalikmas,-dedi Felkoner.-Toʻgʻri, uning iqrori meni gangitib qoʻydi, chunki bu ishda men ham ishtirok etganman. Shundan keyin undan nafratlanib ketdim. Umuman olganda, men qoʻrqoqman, agar uning ikkinchi, asosiy iqrori boʻlmaganida bu voqea yuz bermagan boʻlarmidi. Ammo...

-Jin ursin, Felkoner!-dedi Kreyn.-Yana qanaqa iqror?! Uni nega oʻldirdingiz?!

-Chunki u bir ozdan keyin yana bir ish qilgan ekan. U bularning barini menga nima uchun aytganligini bilmadim, ammo u telba edi, bundaylardan esa hamma narsani kutish mumkin. Shunday emasmi?

-Boʻlishi mumkin,-dedi Kreyn.

-Bilasizmi, Esher memento morini Meksikadan olib kelgan deb notoʻgʻri oʻylab yurar ekanman. U bu bosh chanogʻini Pontreyn koʻli boʻyidagi chuqurdan kavlab olgan ekan. Shuning uchun uni oʻldirishga qaror qilganimda bu ish uchun mos keladigan qurolni tanladim. Ayting-chi, agar siz pinhona va umidsizlik bilan sevib yurgan dunyodagi yagona ayolingizning bosh chanogʻi siz ishlaydigan xonada olti yil davomida har kuni sizga boqib turganini bilib qolganingizda nima qilgan boʻlardingiz?

Rus tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi.