OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Bobur Nabi. Devona (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBobur Nabi
Asar nomiDevona (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Bobur Nabi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Devona (hikoya)
Bobur Nabi

Qishlogʻimizning chetidagi bir kulbada qandaydir odam yashar, lekin unga hech kim parvo qilmas edi. U yolgʻiz edi. Hamma uni devona deb chaqirardi. Sochi oʻsgan, qorasidan koʻra oq tolasi koʻproq, egnida qaerdandir topib olgan yirtiq-yamoq toʻn, boshida esa yagʻiri chiqqan qalpogʻi bor. Yoshini aniq aytish mushkul. U navqiron bir yigitdek tuyulsa-da, yuzidagi ajinlar, sochidagi oqlar qarimsiq koʻrsatardi. Keksayib, yoshi oʻtib qolgan desam, harakatlari, gʻayratu shijoati kuch-quvvatga toʻlaligidan dalolat berardi. Menga oʻxshab boshqa bolalar ham u bilan gaplashishga rosa qiziqardik.

Ayam esa «Unga yaqinlashma, uzoqroq yur», deb koyirdi. «Nega?» desam,
— Uni hech kim yoqtirmaydi, yomon odam. Yaqin borma degandan keyin, borma! — deb yana dashnom berardi.

Bir kuni doʻstlarim bilan maktabdan kelayotsam, oʻsha devona koʻchamizdagi qirgʻogʻiga yangi kesilgan teraklar taxlab qoʻyilgan katta ariq boʻyiga qandaydir koʻchat ekayotgan ekan. Hayron boʻldik. Bir sherigim: «Nima qilyapsan, jinni?» deb savol ham tashladi. Devona esa biz tomonga qarab tirjaydi. Ogʻzida ikkita tishi yoʻq ekan, basharasi qoʻrqinchli koʻrinib ketdi.

Savolimiz javobsiz qolgach, uy-uyimizga tarqaldik. Men ham darvozadan kirib, koʻrpa qavib oʻtirgan buvimga salom berdim. Ular katta koʻzoynaklari bilan menga qarab, «Keldingmi, bolam?» deb qoʻydi.
— Buvi, anavi odamni nega jinni deyishadi? — deya unga yaqinlashdim.

Buvim miyigʻida kulib, javob berdi:
— Jinniligi uchun jinni deyishadi-da, bolam. U jinni emas, devona aslida.
— Nima, haqiqiy oti yoʻqmi? — yana qiziqib soʻradim.
— Asli ismi Abdurahim. Aqlini yoʻqotgani uchun devona deyishadi. Bor, endi menga xalaqit berma, — deb buvim mendan qutulmoqchi boʻldi.
— Unga nima boʻlgan oʻzi? — dedim yana qiziqqonligim tutib.
— Hey, zumrasha, kiyimingni almashtir, — shudgor tomondan ayamning ovozi keldi. — Buvingga xalal berma, undan koʻra menga yordamlash.

Kiyimimni almashtirib chiqqach, ayamning yoniga bordim. Pomidor oʻtoq qilayotgan ayam:
— Ha, ikkichi, bugun nechchi olding? — deb hazillashdi.
— Bugun yaxshi dars boʻlmadi. Domlamiz kasal boʻppopti. Shunga maza qilib toʻp oʻynadik, — dedim zavqlanib.
— Ha, qutulib qobsan-da. Tominglarni yopdinglarmi?

Bu gapdan keyin zavuchimiz tayinlagan gap esimga tushdi.
— Aya, pul berishinglar kerak, shu tomni yopishga. Hammadan pul yigʻisharkan.
— Obbo, yana pulmi? Bu domlalaring toʻyadimi oʻzi? Boʻpti, ma, manov oʻtlarni etakka tashab ke.

Bir kuni maktabimizga ustalar kelishdi. Darsdan chiqib, ularning ishini tomosha qilardik. Ustalarning yonida oʻralashib yurgan devonaga koʻzim tushdi. Toʻgʻrirogʻi, u yordam berayotgandi. Uning yelib-yugurgani menga gʻalati tuyuldi. Yaqinroq borib, devonani kuzata boshladim. Shunda oʻrta yoshlardagi ustalardan biri kelib:
— Ha, bolakay, tikilib qolding? Uning turgan-bitgani shu. Soʻkibam, uribam haydolmayappiz. Jinni-da, nima qilsa, qilovrsin. Sen darsingga bor, bizga xalal berma, — deb bir taxtani olib, bino ortiga oʻtib ketdi.

Har kuni kuzatadigan odat chiqardim. U tezkorlik bilan ishlayotganidan lol edim. Yana tekinga! Tomga taxtalar qoqilgach, shiferni uzatishda u kabi jon kuydirib ishlagan odamni koʻrmadim. Ikki kishining mehnatini qilayotgani uchun ustalar ham indamasdilar. Tekin yordamchi-da.

Bino tomi yopilgan kunning ertasigayoq havo aynidi. Maktabga yomgʻirpoʻsh bilan keldim. Chiroyli koʻrinib turgan yangi tom ustidan sekin-asta yomgʻir tomchilay boshladi. Shu mahal skameykada oʻtirgan devonani koʻrdim. Nimadandir xavotirlangani koʻzlaridan sezilib turardi.

Bir payt shovqin koʻtarildi. Xonaga bir oʻqituvchi kirib:
— Bollarga javob bering, uyga ketishsin. Sel kelarkan, — deb ustozimizga tayinlab chiqib ketdi.

Hammamiz xursand boʻlib, kitob-daftarlarni yigʻishtirdik-da, tashqariga otildik. Haqiqatan ham chaqmoq chaqib, momaqaldiroq dahshatli gumburladi. Uyga tezroq yetib olish uchun yugurishga tushdim. Koʻchamizga yetib kelgach, oʻzi ekkan olma koʻchatlari yonida oʻtirgan devonaga duch keldim. Beixtiyor toʻxtab qoldim. U ariqdan nigohini uzmasdi. Katta ariq esa toʻlib-toshib oqmoqda edi. Osmon yana «qars» etdi-da, shovullab yomgʻir quya boshladi. Birozdan keyin jalaga aylandi. Goʻyo kimdir ustimdan paqirlab suv quyayotgandek boʻldi. Devonani qoʻlidan tortib, chetga olib oʻtmasam, qirgʻoqda ivib oʻtiraveradi shekilli. Yoniga borib, yelkasiga turtdim. U «bor ket» degandek qoʻl siltadi. Bu orada onam chaqirib qoldi. U qoʻlida odeal bilan men tomonga kelayotgandi. Ayamga boraman deganimda nogahon oyogʻim sirpanib ketdi. «Shalob» etib, ariqqa quladim. Oqim juda kuchli ekan, oʻzimni oʻnglay olmadim. Kallamni suvdan chiqarib, havo olishga urinardim. Shu payt kimdir belimdan ushladi va dast koʻtarib, qirgʻoqqa qoʻydi. Daraxt shoxiga tirmashib, suvdan chiqdim. Orqamga qaradim. Sochlari yuzini toʻsgan devona ham shoxga tirmashdi. Unga yordam bermoqchi edim, ayam qoʻlimdan mahkam tortdi:
— Senga aytovdimu, undan uzoqroq yur, deb!

Lekin bu gaplar qulogʻimga kirmadi. Oʻzimni tutib turolmay, yigʻlab yubordim. Devona esa harchand urinmasin, qirgʻoqqa chiqa olmadi.narigi tomondan chiqmoqchi boʻlib, qulochini yozdi. Shu payt suvda katta gʻoʻla paydo boʻldi. Tezlik bilan oqib kelib, devonaning biqiniga urildi. U «hiq» dediyu suvga shoʻngʻidi...

Onam meni odealga oʻrab, uyga olib kirib ketdi...

Bu oʻn yil avvalgi voqea. Har gal koʻchamizdan oʻtayotganimda suv boʻyidagi ikkita katta olma daraxtiga qarayman. Soya joy boʻlgani uchun tagiga soʻri qurilgan. Otaxonlar shaxmat oʻynab oʻtirishibdi. Yozning boshi boʻlgani uchun olmalar hali xom.

Uni hozir ham «devona» deb eslashadi...

2008