OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBobur Nabi
Asar nomiHindcha ragʻbat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Bobur Nabi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hindcha ragʻbat (hikoya)
Bobur Nabi

«
Qadrdon ustozim Jamila opaga bagʻishlayman!
»

— Qachon oʻqiysan, bola?! «Noʻl» olaverib — sen, qoʻyaverib — men charchamadim. Yoki uyingdagilar kundaligingni tekshirishmayaptimi?..

Boshlangʻich sinfda oʻqib yurgan paytlarimda ingliz tili oʻqituvchimiz har kuni shu gaplarni aytib, koyirdi. Men ham negadir bu fanni hech yoqtirmasdim. Ochigʻi, maktabimiz ingliz tiliga ixtisoslashgan boʻlishiga qaramay, manavi oʻqituvchi dars oʻta boshlaganidan beri bor qiziqishim ham asta-sekin havoga uchib ketdi. Balki domlaning oʻta qoʻpolligi yoqmagandir. Xullas, ingliz tilidan bilimim «noʻl»ga tushib qolgandi.

Maktabdagi bu koyishlar holva edi. Hamma tomosha uyda boshlanardi. Oʻzi-ku boshqa fanlardan a’loga oʻqirdim. «Oʻqish», «Ona tili», «Atrofimizdagi olam», hattoki «Rasm chizish» va «Musiqa»dan ham «besh» olardim. Ammo bu ingliz tili tushmagur...

Har kuni kundalik daftarimni dadamning shaxsan oʻzi tekshirardi. «Besh»larimni maqtagan boʻlardi. Bir-ikkita «toʻrt» tushib qolsa, astoydil tanbeh berardi. Shuning uchun doim «besh» olishga intilganman. Bunda, albatta, sinf rahbarimizning ham hissasi katta. Biroq onda-sonda paydo boʻlib qoladigan «noʻl»lar («onda-sonda»ligiga sabab — ba’zida kundalikni oʻqituvchimizdan yashirardim, ba’zan esa «noʻl» qoʻyilgan varaqni yirtib, yangi sahifani qaytadan toʻldirib qoʻyardim) sababli «besh»larimga atalgan maqtovlarni bir pulga chiqarganim yetmagandek, ularni deb yaxshigina soʻkish ham eshitardim. Bu holat dadamning kayfiyati yaxshiligida yuz berardi. Ishdan charchab, kayfiyati yomon boʻlib kelgan kunlari esa...

Qisqasi, ikkinchi sinfdan boshlangan «noʻl» mojarosi beshinchi sinfda oʻz nihoyasiga yetar, degan umidda toʻrtinchi sinfni tugatdim. Toʻrtinchidan beshinchiga oʻtganda, bilasiz, sinf rahbari ham oʻzgaradi, fanlardan bir oʻqituvchi emas, alohida ajratilgan muallimlar dars beradi. Yana yangi fanlar qoʻshiladi. Shu tariqa beshinchi sinf oʻquvchisi sifatida oʻqishni boshlashni hamma bolalar qatori men ham intizorlik bilan kutardim. Yangi fanlardan a’loga oʻqib, yangi sinf rahbarimiz e’tiboriga tushishni oʻylardim. Yana bir maqsadim — sinf sardori boʻlish edi. U paytlari bu lavozimni barcha oʻquvchilar orzu qilardi va shunga intilardi. Toʻpolonchilarni jimlatasiz. Tartibsiz oʻqituvchilar bor, gapingga kirmaydi, demoqchimisiz? Sinf sardorining aytganini qilishni sinf rahbarining shaxsan oʻzi tayinlardi. Haligi «baqiroq» oʻqituvchi beshinchi sinfda dars oʻtmasligini esa Xudodan yolvorib soʻrardim.

Sentyabr keldi. Yangi sinfga, yangi hayotga yangi kiyimlar va yangi oʻquv qurollari bilan qadam qoʻydik. Hamma narsa yangi edi. Hatto ingliz tili oʻqituvchimiz ham oʻzgaribdi. Bu yangilikni eshitib, «ura» deb baqirib yuborishimga oz qoldi. Lekin bir-ikki sinfdoshim yurakka gʻulgʻula soldi.
— Oldingi oʻqituvchimiz yaxshi edi. Bunisi undan badtar boʻlishi mumkin.

Yoʻk, yurakdagi gʻulgʻula sal aridi. Negaki, ingliz tili fanidan kiradigan yangi oʻqituvchimiz ayol kishi ekan. Toʻgʻri, ayrim ayol oʻqituvchilar ham qattiqqoʻl boʻlishadi. Lekin har holda ayol-ku. Koʻziga moʻltirab tursangiz, mehri iyib ketar. Yangi oʻqituvchimiz qorachadan kelgan, boʻychan, yoshi 26-27larda, doim kulib turarkan. Ismi — Jamila opa! Chiroyli ism-a? Bizni hayron qoldirgan narsa — Jamila opaning Hindistonda oʻqib kelgani edi. Ana sizga yangiligu, mana bizga yangi oʻqituvchi! Hammamiz birinchi darsni intiqlik bilan kuta boshladik — darsni qanday oʻtarkan?

Nihoyat kutilgan kun keldi. Yangi oʻqituvchi yuz-koʻzlarida tabassum bilan sinfxonaga kirdi. Hammamiz salom berdik. Bolalar darhol Jamila opani savollarga koʻmib, oʻqituvchiga yaxshi koʻrinishga urinishardi. Shu zaylda dars tugaganini ham bilmay qoldik. Jamila opa yangi darslikdan bir matnni oʻqib eshittirdi, olti qatorli matnni yod olishni uyga vazifa qilib berdi...

Oʻsha kuni deyarli barcha darslar tanishish bilan oʻtib ketdi. Men ham yangi oʻquv yilidan olgan taassurotlarimni tezroq ayamga aytib berish uchun uyga joʻnadim. Mustaqillik haqida gapirib, birinchi kundan «besh» olganimni eshitib, dadam xursand boʻldi. Kechki ovqatdan soʻng yana Jamila opa haqida oʻyladim. Nima qilsam ekan? Birdan uyga berilgan vazifa xayolimga keldi. Matnni yodlab borsam-chi? Jamila opadan tashqari boshqalar ham hayron qolishardi. Hech boʻlmasa, «uch» qoʻyar. Lekin shu fandan dars tayyorlaganim uchun hammaning e’tiborini oʻzimga qaratman-ku... Matnni yodlashga kirishdim. Uxlaydigan paytim boʻlganda joyimga yotayotib, ayamdan ertalab vaqtliroq uygʻotishini soʻradim. Erta tongda she’r yodlasa, kallaga yaxshi kiradi, keyin bir umr esingdan chiqmaydi, degandi dadam. Hozir yodlaganimni saharlab yana uch-toʻrt martalab takrorlasam, yodlab olaman. Talaffuzim sal oʻxshamasligi mumkin, lekin vazifani bajaraman-ku. Past ovozda matnni qaytarib, uxlab qoldim...

«Buyurtma» boʻyicha ayam har doimgidan ertaroq uygʻotdi. Shirin uyqudan turishim ancha qiyin kechdi. Hali vaqtli boʻlgani uchun biroz ranjidim. Koʻrpaning ichiga kirib, yana uxlamoqchi boʻldim.
— Oʻzing ertaroq uygʻoting, deganding-ku.

Ayam shunday deb, tashqariga chiqib ketdi. Kechqurungi maqsadim endi esimga tushdi. Darhol turdim-da, kitobimni ochdim. Avval bir qur koʻz yugurtirdim, keyin kitobni yopib, koʻzlarimni yumgancha ovoz chiqarib takrorlashga kirishdim. Negadir juda osondek tuyuldi. Xuddi she’r yodlagandek «sharillatib» oʻqirdim. Ayam choyga aytib ketgach, toʻxtadim. Endi tezroq maktabga borish kerak. Birinchi dars — ingliz tili. Apil-tapil choyimni ichib, kiyindim. Sumkamni oldimu uydan oʻqdek otilib chiqdim.

Turli oʻylar bilan maktabga qanday yetganimni bilmay qoldim. Bolalar bilan koʻrishdim-da, orqaroqdagi partaga oʻtirdim. Meni hayajon bosgandi. Nazarimda, matnni yoddan aytib berolmaydigandek edim. Nihoyat, qoʻngʻiroq chalinib, Jamila opa kirib keldi. Salomlashgach, oʻz stoliga oʻtirib, jurnalga bir nimalarni yoza boshladi. Nima balo, uyga vazifa bergani esidan chiqib qoldimi?.. Eslatib yuborsammikan?.. atrofga qarasam, hamma kitobdan boshini koʻtarmay, oʻqish bilan ovora. Xuddi mendan avval ular aytib, birinchi boʻlib baho oladigandek xavotirga tushdim. Shu payt sinfda muloyim ovoz yangradi:
— Uyga berilgan vazifani kim bajardi?

Sinfga jimlik choʻkdi. Hatto pashsha uchsa, bilinardi. Nogoh ichimda qandaydir hissiyotlar joʻsh ura boshladi, nimadir gʻalayon qilayotgandek boʻldi. Beixtiyor qoʻlimni koʻtarib yubordim.
— Qani, siz, turing-chi? Ismingiz nima?

Butun sinf «gur» etib menga qaradi. Jamila opa mening ismimni soʻragandi. Hamma hayron. Hech kim mendan buni kutmagandi-da. Faqat Jamila opagina samimiy kulib turardi. Hayojonlanganimdan familiyamni aytib yuboribman:
— Jalolov...

Sinfdoshlarim kulgisiga Jamila opa ham kulimsirab qoʻydi-da, soʻng ikkala qoʻlini koʻtarib, bolalarni jimlatdi.
— Hayajonlanmang, Jalolov, men ham sizga oʻxshab hayajonlanganman. Lekin darrov yengib oʻtganman. Marhamat, matnni aytib berasizmi?

U bu gaplarni shunchalar muloyimlik bilan aytdiki, men goʻyoki quyoshda qolgan muzqaymoqdek erib ketayozdim. Ichimda gʻalayon koʻtargan hadik hissi yana tugʻyon urar, kaminaga qadalgan oʻttiz juft koʻz meni masxaralashga tayyordek edi goʻyo. Shirin uyqudan kechib, «sharillatib» yodlaganim esimga tushdiyu, tomoq qirib, matnni aytishga kirishdim. Afsuski, matn ozdigi uchun tez tugab qoldi. Aytib boʻlganimdan soʻng sinfga yana jimlik choʻkkanini sezdim. Oʻqituvchimiz menga mehrli nigoh bilan boqib turardi.
— Barakalla! Qoyil! Sizga «besh» qoʻyaman! Birinchidan, uyga berilgan vazifani qunt bilan bajaribsiz. Ikkinchidan, nutqingiz ravon, talaffuzingiz yaxshi chiqdi. Oʻtiring, rahmat!..

Oʻsha payt qanday sevinganimni tasavvur ham etolmaysiz. Eng qizigʻi, shu kuni boshqa hech kim uy vazifasini bajarmagan ekan. Balki birinchi dars boʻlgani uchun unchalik e’tibor qilishmagandir. Ehtimol yangi oʻqituvchini sinagandirlar. Lekin bu «sinov» yomon natija bergandi. Jamila opa hech kim yodlamagani uchun hammaga, yanaki kundaligiga, «noʻl» boʻlmasa ham, «uch» qoʻygandi.

Agar oʻshanda shunday ish tutmaganida hozir poytaxtda oʻqimayotgan boʻlarmidim va eng yomoni, ingliz tilidan alifni «kaltak» deb yurarmidim...

2010