OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Bobur Nabi. Oyjamol (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBobur Nabi
Asar nomiOyjamol (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Bobur Nabi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oyjamol (hikoya)
Bobur Nabi

Qishlogʻimiz chetidagi dalaning oʻrtasida bir xilvat joy bor. U yer aylana shaklida boʻlib, ichida toʻqayzorga oʻxshab teraklar oʻsib ketgandi. Shu terakzor oʻrtasida bir uy bor. Aytishlaricha, bir zamonlar oʻsha uyda Oyjamol ismli ayol yashagan ekan. U ayol kim, qaerdan kelgan, nima bilan mashgʻul — buni hech kim bilmaydi. Eng qizigʻi shundaki, uning qachon va qanday vafot etgani ham odamlarga qorongʻi edi.

Bolalagimizda toʻpolon qilsak, kattalar «Oyjamol»ga tashlab kelaman, deb qoʻrqitishardi. Haqiqatan ham bu nomni eshitganimda qoʻrqib qolardim. Nafaqat bolalar, balki ba’zida kattalarning ham u yerga borgani yuragi dov bermasdi.

Endi esa ulgʻaydim. Anchagina shoʻx, hech narsadan tap tortmaydigan bola boʻldim. Buvimning tili bilan aytganda, «erga ursa, koʻkka sapchiydigan» edim.

Doim birga yuradigan ikki doʻstim bor. Sanjar bilan Hamid. Bir kuni ular bilan dalaga bordik. Daladan yer olib, makkajoʻxori ekkandik. Buvim: «Baxtim, bolam, bir aylanib, xabar olib kelgin», degandi. Joʻxoripoyalarni koʻzdan kechirgach, egatlarga yonimizdagi ariqchadan suv ochdim. Rosa chanqagan ekan. Keyinroq bir xabar olamiz deb, ortga qaytdik. Birdan Sanjar gap ochib qoldi:
— Baxti, «Oyjamol»ga kirmaymizmi?

Buni eshitib, hayron boʻldik. Hamid sal qoʻrqib ham ketdi. Sanjarning gapiga sir boy bermaslik uchun:
— U yerda nima qilamiz? — dedim.
— Qoʻlingdan keladigan ishni gapirsang-chi! — gapga aralashdi Hamid.
— Oʻzing kirolasanmi? — jiddiy ohangda soʻradim.

Sanjar kalovlanib qoldi. U aslida meni kiritmoqchi edi. Buni sezdim. Meni sinamoqchi boʻldi-da. Ana, endi nima derkan?
— Yoʻq, endi aytdim-qoʻydim-da, — dedi nima deyishini bilmay.

Oʻzimcha qaysarligim tutdi.
— Oʻsha yerga kirib chiqsam, qancha berasanlar?

Ikkovi bir-biriga qarab qoldi. Keyin Hamid:
— E-e, qoʻysang-chi, ketdik uyga, — deb oldinga qadam tashlagan edi, qoʻlidan ushladim.
— Men hazillashmayapman, Sanjar, garov oʻynaysanmi?

Sanjar dovdirab qoldi.
— Nima, rostdan kirmoqchimisan? Axir hazillashdimu...
— Garov oʻynaysanmi, deyapman? — shartta gapini boʻldim.

Xullas, besh-besh tashladik. Endi nima boʻladi, oʻzim ham bilmayman. Toʻgʻrisi, sal qoʻrqdim ham. Keyin Xudoning aytgani boʻladi-da, deb, terakzorga qarab yoʻl oldim.

Terakzor sokin. Onda-sonda qushlar pitirlab qoʻyadi. Qaerdan kirishni bilmay, atrofini aylana boshladim. Nihoyat orqa tomonda bir yoʻlakcha koʻrindi. U toʻgʻri uyning sahniga olib chiqardi. Yoʻlakchaga qadam bosdim. Uyning old tarafiga oʻtdim. Bir derazali va bir eshikli kichkina uy. Eshik ham qiya ochiq. Asta uyga yaqinlashdim. Nimagadir bu sokinlik menga yoqmadi. Eshikni ochganimda chiyillagan tovush chiqdi. Qoʻrqib ketdim. Ichkariga kirganimda «taq» etgan ovoz eshitildi. Orqamga qaradim: ortimdan eshik yopilgan ekan. Yuragimni hovuchlab, eshikka yopishdim. Har qancha urinmay, uni ocha olmadim. Vahimaga tusha boshladim. Derazadan chiqib ketmoqchi boʻldim, lekin u yerda hech qanday deraza koʻrinmasdi. Faqat uch tomonda uchta eshik turibdi. Chapdagi eshikni ochib, ichkariga kalla suqdim: boʻm-boʻsh va qorongʻi. Darrov eshikni yopib, toʻgʻridagisiga bordim. Uni ham ochib, ichkariga moʻraladim: hech narsa va hech kim yoʻq. Negadir uy ichi ancha sovuq ekan.

Shu payt orqamdan bir sharpa oʻtib ketganini ilgʻadim. Yuragim shuvillab ketdi. Qarasam, oʻng tomondagi eshik qiya ochilib qolibdi. Ichkaridan chiroq nuri koʻrinib turibdi. Negaligini bilmadimu, lekin oʻsha yerga kirgim keldi. Chiroq yoniq, toʻshak solingan. Burchakda pechka gurillab yonyapti. Bu yerda odam yasharkan. Orqadagi sharpani sezib, oʻgirildim. Ne koʻz bilan koʻrayki, qarshimda bir chiroyli ayol turardi. Sochlari yoyilgan, oppoq kiyimda. Nigohi qandaydir gʻamgin. Qoʻrquv degan narsadan asar ham qolmadi.
— Bilaman, mening oldimga kelgansan, — dedi ayol mayin ohangda.

Karaxt holda edim. Nimalar boʻlayotganiga tushunmadim. Ayol oʻzi oʻtirgach, meni ham yoniga taklif qildi. Beixtiyor uning qarshisiga choʻkkaladim. U esa men tushunmagan narsalar haqida gapira boshladi.
— Garov oʻynab, yaxshi ish qilmading. Oʻzingni ham, boshqalarning ham jonini xatarga qoʻyding. Modomiki yurak yutib, makonimga kelgan ekansan, senga bir yordam qilaman. Oʻzing uchun aziz boʻlgan insonlar hayoti — sening qoʻlingda. Ularni qutqar. Oʻzim senga ishora beraman. Endi bor, hali koʻp uchrashamiz. Shu eshikdan chiqsang, koʻchangga olib boradi.

U gapini qisqa qilib, xonani tark etdi. Shu onda chiroq ham, pechka ham oʻchdi. Uydan chiqib, uyga qanday yetib yetib olganimni ham bilmayman. Kech kirib, gʻira-shira boʻlib qolgan ekan. Sanjar bilan Hamid uyimizning oldida kutib turishgandi. Menga nimalardir deyishdi, lekin quloqlarimga kirmadi. Uyga kirib, joyimga yotdim. Boʻlgan voqealarni oʻyladim. U ayol kim edi? Nega bunday dedi? Yana uchrashamiz dedimi? Oʻylab oʻyimga yetolmadim. Shu tariqa koʻzi ilinibdi...

Birdan Hamid paydo boʻldi. U uzun yoʻldan yolgʻiz oʻzi ketyapti. Qaerdadir traktor koʻrindi. U toʻgʻri Hamidning ustiga bostirib bordi. Hamid uni koʻrmayaptimi? Chetga chiqsa-chi?! Qulogʻi kar boʻlib qoldimi? Hozir traktor urib ketadi-ku! Ana...
— Hami-i-i-i-id!!!

Dahshat ichra uygʻonib ketdim. Nega bunday tush koʻrdim? Soat ham oʻndan oʻtibdi. Rosa uxlabman oʻziyam. Tashqariga chiqsam, quyosh bir tut boʻyi koʻtarilibdi. Tanam yayrab ketdi. Ariqchamizdagi suvda yuz-qoʻlimni yuvayotganimda oshxona tomondan ayam koʻrindi.
— Ha, uyquchi, kalla pishdimi? — dedi men tomonga kelarkan. — Kecha nima boʻlgandi? Kirdingu qotib qopsan. Tepib ham uygʻota olmadim, — ayam oʻz hazilidan kulgan boʻldi. Ularni xavotirga solmaslik uchun:
— Ha, oshnalarim bilan dala aylanib, charchagandim shekilli.
— Aytgancha, joʻxoriga suv ochish esdan chiqmaganmidi ishqilib? — ayam yana hazil qildi.

Eh, esim qursin, kecha suv ochib kelgandim-ku. Borib koʻrishim kerak. Choy ham ichmasdan, dalaga otlandim. Uzun tutqatorlar oralab ketayotsam... Ie, Hamid bu yerda nima qilyapti? Yana yoʻlning oʻrtasiga oʻtirib olibdi. Chap tomondagi muyulishdan bir «Volga» chiqib, Hamid tomonga yura boshladi. Hamid uni koʻrmayaptimi?
— Hamid! — U menga qaradi. — Orqangda mashina kelyapti!

U yerdan bir narsani olib, chetga chiqdi. «Volga» uzoq signal chalib, oʻtib ketdi. Kela solib, uni koyishga tushdim:
— Jinnimisan? Yoʻlning oʻrtasida nima bor?!

Hamid tirjayib, qoʻlidagi narsani koʻrsatdi. Bu yaralangan musicha edi.
— Yoʻl oʻrtasida yotgan ekan, qaeri yaralanibdi ekan, deb qarayotgandim.
— Chetroqqa oʻtvolsang boʻladi-yu, — dedim norozi qiyofada. — Yur, suvdan xabar olib kelaylik.

Koʻzlangan yerga borib, suvni koʻrdim. Egat boshini berkitib, suv yoʻlini toʻsdim. Hamid hali ham musichani qoʻyib yubormagandi. Ortimizga qaytdik. «Oyjamol»ni koʻrib, doʻstim kechagi garovni eslab qoldi.
— Hey, Baxti, kecha nima boʻldi? Ichkariga kirdingmi?

Shu payt qayoqdandir traktor paydo boʻldi. Qarshimizdan juda katta tezlikda kelardi. Bu holat menga tanish tuyuldi. Hamid... Uni qoʻlidan mahkam ushlab, chetga oldim. Traktor shovqinidan musicha bezovtalanib, qoʻlidan tushib ketdi. Ucha olmasdan yoʻlning oʻrtasiga tushdi. Hamid unga talpindi. Qoʻlidan qattiq tortdim. Traktor tezlik bilan yonimizdan oʻtib ketdi. Hamid darrov musichaga intildi. Nogoh boyagi «Volga» mashinasi qarama-qarshi tomondan kelib qoldi. Traktor tovushida uni payqamabmiz. Kutilmaganda yoʻlning oʻrtasiga chiqqan Hamidni urib yubordi...

Toshdek qotib qoldim. Qoʻlimdan hech narsa kelmasdi. Mashina toʻxtab, rais tushib keldi. Keyin hayodovchi bilan uni koʻtarib, mashinaga solishdi. Menga ham bir nimalar deb baqirib, mashinani haydab ketishdi. Shu payt haligi musicha oʻzini oʻnglab, osmonga parvoz qildi...

Hamidning oʻlimini hech ham hazm qilolmayapman. Hammasiga oʻzim aybdorman. Uni qutqara olmadim. Bu vijdon azobidan qanday qutulaman, oʻzim ham bilmayman. Na ichioʻimda halovat bor, na yeyishimda. Tomogʻimdan qil ham oʻtmaydi. Doʻstim koʻz oldimda jon bergandi axir...

Bugun ham kechki ovqatni yeyar-emas, ichkariga kirib ketdim. Uydagilar ham meni ortiq bezovta qilmay, oʻz holimga qoʻyishgandi.

Negadir yaxshi koʻrganim Nasimani oʻylagim keldi. Uni koʻrmaganimga ham ancha boʻldi. Xayolimda u bilan sayr qila boshladim... Toʻsatdan bir qush yelkamga qoʻndi. Bu musicha edi. Juda tanish musicha. Uni qaerdadir koʻrgandek edim. Keyin musicha gullar orasiga tushib, u yerdan bir ilonni koʻtarib chiqdi. Qiz bularni koʻrmasdi. Musichaning ilonni choʻqiganiga hayron boʻldim. Uni yutib yuborib, allaqaerga uchib ketdi. Nasima menga qarab: «Meni qutqarasizmi?», dedi.

Nega bunday dedi? Nimadan qutqaraman? Shu mahal qiz suv olgani chiqqanini esladi. Yerdan paqirni koʻtarmoqchi boʻlib, paqir tutqichiga chirmashgan ilonni ushlab oldiyu, «Ay-y!» deb baqirib yubordi. Paqir ichi toʻla ilon edi. Qaerdan keldi shuncha ilon? Nasima koʻzlari yumilib, yerga yiqila boshladi. Shunda ushlamoqchi boʻldim, lekin qimir etolmadim. Nasimani ilonlar oʻrab-chirmab tashlagandi. Buni koʻrib, dahshatga tushdim:
— A-a-a-a!!!

Choʻchib uygʻonib ketdim. Rosa terga botibman. Tashqarida ayamning ovozi eshitildi:
— Baxtiyor, tinchlikmi, bolam?
— Ha, yomon tush koʻribman, — dedim ularni xavotirga qoʻymaslik uchun.

Boʻlayotgan voqealarga endi tushunayotgandekman. Oʻsha ayol yaqin odamlaring joni xatarda, ularni qutqar, deya ishora bermoqchi edi. Koʻrayotgan tushlarim ishorasimikan? Agar shunday boʻlsa, bugun Nasimaga navbatmi? Juda ayanchli tirjaydimu, vahshatga tushdim. Koʻp ilon koʻrdimmi? Buncha koʻp ilon qaerda bor edi-ya? Ha, Nasimalar uyining orqasidagi katta zovurda. Nima? Nasimalarnikida?! Tez oʻrnimdan turib, oʻsha yoqqa yugurdim.

Nasimalarning uyi yangi chek (yangi berilgan uchastka) boʻlgani uchun orqa tomoni dala edi. Oʻsha yerdagi zovurdan suv olib foydalanishardi. Men oʻsha tarafga yugurdim. Suv olishga oson boʻlishi uchun yerdan zinapoya qilingandi. Undan ikki metrlar narida bir katta kovak boʻlib, oldin u yerdan koʻp ilonlar ushlashardi. Hozir ham ilon bormikan?

Daraxtlar orasidan paqir koʻtargan Nasima koʻrindi. Qulogʻiga qizil atirgul taqib olgani uchun yana ham goʻzal boʻlib ketibdi. U zovur boʻyiga kelganda meni koʻrib qoldi:
— Voy, bu yerda nima qilyapsiz? — dedi quvnoq ohangda.
— Nasima, bugun suv olmang, — dedim jiddiy turib.

Qiz kuldi:
— Nimaga ekan? Suv olaman, deb qadam tashlagan edi, baqirib yubordim.
— Yoʻ-oʻq!

Qiz koʻzlarimdagi xavotirni koʻrib, qoʻrqib ketdi.
— Nasima, iltimos, bugun suv olmay turing. Zovurdan nariroqqa boring.

Qiz nima boʻlayotnini tushunmay, orqaga tisarildi.
— Nima boʻldi oʻzi? — dedi xavotirli ohangda.

Qizning qoʻrqib ketganini koʻrib, uni tinchlantirishga urindim:
— Hech nima, shunchaki ilon koʻrib qoldim, — beixtiyor shunday deb yubordim.

Ilon soʻzini eshitgan qiz seskanib ketdi:
— Kattami? — sekin soʻradi.
— Yoʻgʻ-e, kichkinagina. Hozir tosh otib haydayman, — deb oʻzimcha tosh otgan boʻldim.
— Har doim suv olaman, ilon koʻrmasdimu.

Shu payt yelkamga bir qush kelib qoʻndi. Endi tamom boʻldim, koʻzimni yumib, qanday qushligini bilishni ham istamadim.
— Voy, musichalar bilan til topishvolibsizmi? — qiz qiqirladi.

Musicha? Yana oʻsha musicha. Nimaga keldi ekan? Koʻzimni ochib, qizga qaradim. Musicha uchib ketdi. Qutuldim shekilli.
— Endi suv olsam boʻladimi? Ilon ketdimi? — qiz sekin zovur tomon kela boshladi. Zinadan tushib, paqirni suvga toʻldirdi.
— Paqirni tashlang! — deb baqirib yuborganimni sezmay qoldim.

Nasima qoʻlidagi paqirni tushirib yubordi.
— Baxtiyor aka, sizga nima boʻldi?

Nima boʻlganini oʻzim ham bilmasdim. Bir payt qizning orqasidagi daraxt shoxida uzun ilon chirmashib yotganiga koʻzim tushdi. Jon holatda oʻzimni suvga otdim. Narigi betga oʻtib, Nasimani uzoqroqqa olib ketdim. Qiz qoʻrquvdan toshdek qotgandi. Yuziga suv sepdim.
— Nasima! Nasima?

U bir seskanib oʻziga keldi.

Bunday katta ilon yoʻq edi-ku, qaerdan paydo boʻldi? Uni yoʻqotish kerak. Toʻsatdan qaydandir bir bahaybat qush — kalxatmi yo burgut, paydo boʻlib, daraxt shoxidagi chamasi ikki metrlar keladigan ilonni tumshugʻida koʻtarib, olib ketdi...

Nasima quchogʻimda ekanini keyin angladim. Uning koʻzlarida qoʻrquv zohir edi. Gʻunchadek pushti lablari titrar, zulfi esa labining chetini oʻpardi...
— Nasima, hoy Nasima!

Qiz oyisining ovozini eshitib, oʻziga keldi. Men esa zovurdan paqirga suv olib berdim. Koʻnglim biroz joyiga tushdi. Odatdagi bezovtalanish yoʻqolgach, kiyimlarimni tezroq quritish maqsadida uyga ketdim.

Kiyimimni almashtirib, nam boʻlganlarini oftobga yoyib, oʻzim soʻriga borib yotdim. Negadir juda charchagan edim. Quyosh nurlari eltdimi, koʻzim ilindi...

Cheksiz bir choʻlda yurgan ekanman. Hech zogʻ yoʻq. Uzoqdan bir ulkan daraxt koʻrindi. Unga yaqinlashdim. Kimdir meni chaqirayotgandi. «Baxti, tezroq kel, menga yordam ber! Faqat tez boʻl!» Ovoz juda tanish edi. Yaqinroq borsam, Sanjar daraxt shoxida osilib turibdi. Men ham negadir daraxtga chiqmoqchi boʻldim. Ammo har qancha urinmay, unga yetolmadim. Kimsasiz bu choʻlda boyagi musicha yana paydo boʻldi. Sanjar osilgan shoxga qoʻnib, uning qoʻlini choʻqiy boshladi. Sanjar oxiri chidolmay, qoʻllarini qoʻyib yubordi...
— Sanja-a-a-a-ar!!! — deb baqirib uygʻonib ketdim.

Ayam ichkaridan yugurib chiqdi.
— Ha, bolam, nima boʻldi? Sogʻliging yaxshimi ishqilib?

Bu gal onamning gaplari ham qulogʻimga kirmadi. Sanjarni qutqarish kerak. Oʻsha daraxt... Ha, Sanjarning uyida katta tut daraxti bor-ku. Oʻzimni koʻchaga otdim. Uyiga toʻgʻri bostirib kiraverdim.
— Sanjar, Sanjar!

Uyda hech kim yoʻq.
— Ha, Baxti, bu yoqdaman, kelaver, — bu ovoz hovlining etagidan keldi.

Tut daraxti ham oʻsha tarafda edi. Yana yugurdim. Borsam, Sanjar — daraxt ustida.
— Ha, oshna tinchlikmi, yugurib qobsan? — dedi u bamaylixotir.

Jahlim chiqib ketdi:
— Sanjar, tutda pishirib qoʻyibdimi?
— Bir qush uyasini koʻrgandim, shunga chiqdim. Nimaydi?
— Qanaqa qush? — xavotirlanib soʻradim.
— Bilmadim, musicha boʻlsa kerak.

Bu nomni eshitib, yuragim orqaga tortib ketdi.
— Tez pastga tush.
— Nimaga? Hozir, bitta bolasini qoʻyib qoʻyay. — U qoʻlidagi polaponni olib, iniga qoʻydi. — Yerga tushib ketgan ekan.
— Musicha unaqa joylarga in qurmasdiyu. Boʻldimi, tezroq pastga tush.
— Xoʻp, namuncha, nima boʻldi oʻzi? — u sekin pastga tusha boshladi.

Shu payt osmonda musicha koʻrindi. Yuragim taka-puka boʻlib ketdi. Bu oʻsha musicha. Sanjarni shoshiltirdim. Qush iniga qoʻnib, polaponlariga yemish berdi-da, yana uchib ketdi. Qaysi tomonga ketganini payqolmay qoldim.
— Endi gapir, nima boʻldi?
— Hech narsa. Yiqilib tushmagin, dedim xolos...

Bunday yugur-yugurlar jonimga tegdi. Yana nechtasini qutqarishim kerak — Xudo biladi. Yoʻq, bunaqasi ketmaydi. Hoziroq «Oyjamol»ga borishim kerak.

Kech boʻlganiga qaramay, dalaga yoʻl oldim. Terakzorni topib, uyga ham kirdim. Oʻsha uy: chirogʻi yoniq, pechkasi yoqilgan. Faqat bitta oʻzgarish bor: tokchada qafasda musicha turibdi. Oʻsha musicha. Endi navbat oʻzimgami? Meni kim qutqararkan?
— Qoʻrqma, senga hech narsa boʻlmaydi.

Tanish ovozdan ortimga oʻgirildim. Oʻsha kungi ayol.
— Sinovdan yaxshi oʻtding, — gap boshladi u. — Bu kungacha koʻrganlaring hammasi taqdir edi.

Hangu mang boʻlib qoldim. Shuncha harakatlar oddiy bitta sinov uchunmidi?
— Taqdir boʻlsa, nega Hamid oʻlib ketdi? — norozi ohangda soʻradim.
— U oʻz ajali bilan oʻldi. Hammasi qismatingga yozilgan: Hamidni qutqara olmasliging, Nasima uchun joningni ham berishga tayyorliging, doʻstlikka sodiqliging. Taqdir seni sinagandi.
— Nega aynan meni tanladi? Boshqasi qurib qolganmidi?
— Chunki bu yerga sen kira olding.
— Boʻldimi? Endi hech kimni qutqarishim kerakmasmi?

Ayol biroz sukut saqlab, javob berdi:
— Boʻldi, meni endi hech narsa bezovta qilmaydi. Faqat bir kishi qoldi. Ammo unga na sen va na men yordam bera olamiz.
— Kim u?
— Buni hozir ayta olmayman. Keyin oʻzing bilib olasan.
— Unda anavi musicha...
— Ha, umi? Musicha meniki. Uni, ilon va kalxatni ham seni xavfdan ogoh etish uchun men yuborgandim.

Bu ayolning kimligi bilan endi qiziqa boshladim. Hamma narsani bilarkan.
— Oʻzingiz kim boʻlasiz?

Ayol jim qoldi. Hamma yoq sukunatga choʻmdi. Biroz vaqtdan soʻng ayolning mayin ovozi eshitildi:
— Meni tanimaysanmi?

Bu qanaqa savol boʻldi? Uni qaerdan tanishim kerak? Yoki u...
— Men Oyjamolman!

Yuragim shuv etib ketdi. Oyjamol tirikmi?! Hech kimga bildirmay yashar ekan-da.
— Buni hech kimga aytmagin, baribir ishonishmaydi. Endi bor, ertaga qiladigan ishlaring koʻp, — dedi-da, xonani tark etdi.

Qanaqa ish? Yana nima boʻladi? Hammasi tugadi degandi-ku. Oʻylab-oʻylab, uyga kelib qolibman. Ayam soʻrida kutib oʻtirgan ekan.
— Aya, allamahalda nima qilib oʻtiribsiz?

Ayam meni yoniga chaqirdi.
— Bolam, shu kunlarda gʻalati boʻlib qolding, tuzukmisan, ishqilib? — issigʻimni koʻrmoqchi boʻlib, peshonamni ushladi.
— Hech narsa boʻlgani yoʻq, sizga shunaqa tuyulgandir-da, — onamga bildirmaslikka urindim.
— Hay, mayli, ovqatingni yegin-da, kirib, damingni ol.
— Buvim qani? — soʻradim ichkaridaligini bilsam ham.
— Uyiga kirib ketdi. Dadang ham bugun kechroq kelarkan, — shunday deb oshxona tarafga oʻtib ketdi.

Men ham ovqatimni yeb, xonamga kirdim. Nahotki Oyjamol hali ham tirik boʻlsa? Men u bilan uchrashdimmi? Qoyil, yuragim ham baquvvat ekan...
— Baxtim, men ketyapman, bolam. Yaxshi qol!

Choʻchib uygʻonib ketdim. Tanish ovoz. Kim meni shunday chaqirardi? Ha, buvim. Ular saharlab qayoqqa ketyapti ekan? Tashqariga chiqdim. Erta tong, ayam ham uygʻonmagan ekan hali. Unda buvim...

Darhol buvim yotgan uyga kirdim. Jimgina uxlab yotibdi. Yoniga borib, qoʻlini ushladim. Ushladimu, oʻzim ham muzlab ketdim. Achchiq bir alam boʻgʻzimga tiqildi. Ichimdan nimalardir toshib chiqardi, lekin nimaligini bilolmasdim. Shunda boyagi boʻgʻzimga tiqilgan narsa otilib ketdi:
— Buv-v-v-v!!!

2007