OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Bobur Nabi. Surur (hikoya)
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBobur Nabi
Asar nomiSurur (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Bobur Nabi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/09/12
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Surur (hikoya)
Bobur Nabi

Uning xayollari oʻzida emas – osmonlarda uchib yurardi, labida esa nim tabassum, tepalikka qiyalab chiqib borarkan, goh-goh oʻzicha sakrab, qoʻllarini havoda oʻynatib qoʻyadi. Oyogʻi ostidagi oʻnqir-choʻnqir yoʻl ham uni chalgʻita olmas, aksincha past-balandliklar uning yurishiga yordam berayotgandek edi.

Adirning chap tarafida olma bogʻi yastanib yotibdi. Oʻng tomonida esa paxta paykali. Olmalar kuzgi quyoshning zaif nurida yaltirab, goʻyo koʻz qisib turganday. Quyosh ham kuni bilan nur sochib charchagan shekilli, togʻ ortiga horgʻin bosh qoʻymoqda. Bahrom shu boqqa qaraydi. Mana, hozir yigʻim-terim payti, hosilni yigʻishtirib olish kerak. Shu adirning eng tepa qismida u buvisi bilan yashaydigan uy joylashgan. Hoynahoy buvisi qovoqxoʻrda qilib, uni kutib oʻtirgandir. Bu ovqat haqida balki siz bilmassiz, lekin bir marta tatib koʻrsangiz, oshqovoqdek shirin ne’mat borligiga yana bir karra amin boʻlasiz. Ana oʻsha oshqovoqni sigirdan yangi sogʻilgan sutga qoʻshib qaynatilsa, eng mazali qovoqxoʻrda tayyor.

Bahromni quvnoq kayfiyatda koʻrib, Rizvon buvining ham yuziga tabassum yugurdi, lekin baribir bu sayoq nevarasini koyimoqchi boʻldi.

– Hoy, Bahrom, senmisan, bolam? Shu paytgacha qayoqlarda yuruvding? Bu yoqda shuncha ish qop ketdiyu.

Bahrom bu gaplarga e’tibor bermadi. Qandaydir qoʻshiqni xirgoyi qilib, soʻriga uzala tushib yotib oldi. U hamon samolarda uchib yurardi. Rizvon buvi turgan joyida qotib qoldi. Axir hamisha salom berib kelardi-da. Bugun negadir boshqacha boʻlib tuyuldi. Oʻzi bilan oʻzi ovora. Sen kimga gapiryapsan, demaydi ham. Rizvon buvining endi rostakamiga jahli chiqib ketdi. Kosaga nevarasining sevimli ovqatini suzib, dasturxonga qoʻygach, sekin Bahromni chaqirdi:

– Hoy, bola, senga nima boʻldi?

Bahrom hech narsa boʻlmaganday yerga qarab yotardi. Rizvon kampirni yomon xayollar oʻrab oldi. Tavba, nima boʻldi ekan, a? Hech bunaqa odati yoʻq edi-ku. Kampir endi baqirishga tushdi:

– Bahrom! Hoy, Bahrom!

Va nihoyat bola bu olamga qaytdi. Boshini koʻtarib, qarshisida qoshlarini chimirib turgan buvisini koʻrdi. Shundagina qaerda ekanligini angladi. Darhol oʻzini oʻnglab, buvisiga salom berdi.

– Valeykim, – dedi Rizvon kampir zaharxandalik bilan. – Ha, Bahromboy, nima boʻldi? Ja boshqacha koʻrinasiz...

Bola buvisining fe’lini yaxshi biladi. Jahli chiqadi-yu, ammo biror yomonlikni oʻylamaydi. Shuning uchun ham Bahrom erkalik qilaveradi. Rizvon buvi esa birinchi nevarasi boʻlgani uchun uni boshqacha koʻradi. Koyib-koyib, yana erkalab ketaveradi.

– Hech nima boʻlmadi, buvi. Pastga paxta tergani kelishibdi. Shularni koʻrgani tushuvdim, – u shunday dediyu yuzi qizarib ketdi.

Ammo Rizvon kampir qorongʻida buni sezmadi. Menga nima, deganday qoʻl siltadiyu oʻz yumushlariga shoʻngʻidi...

Bahrom oppoq tishlarini koʻrsatib, bir iljaydiyu huzur bilan qovoqxoʻrdasini, undan keyin oʻchoqda qaynatilgan choyni ichdi. Buvisining sigirlarga yem ber, degan eslatmasidan keyin uyning orqa tomoniga – adirning eng tepa qismiga olib chiqadigan yoʻlga oʻtdi. Bogʻning tugash joyida molxona bor edi. Ikkita ena-bola sigir, ulardan sal nariroqda esa bir buqacha boylangan. Buqachani Bahromning shaxsan oʻzi boqyapti. Oppoq mayin yunglari, munchoqdek moʻltirab turgan koʻzlari, peshonasidagi qora qashqasi va ayniqsa, yarim qarichcha keladigan shoxlari Bahromning diydasini yumshatib, unda novvoschaga nisbatan yanada koʻproq mehr uygʻotardi.

Hozir ham sigirlarga yemini bergach, oʻz «suyuklisi»ning oldiga bir togʻora koʻsak qoʻydi. Koʻsak mollarning sevimli yemishi, qolaversa, semirtiradi. Buqachaning ogʻzini koʻpirtirib koʻsak yeyishini zavq bilan tomosha qilib turgach, boʻynidagi yungini asta siladi. Novvos xalal berma, degandek goʻyoki qozigʻini sugʻurib yuboradigan darajada bir pishqirib qoʻydi. Hech qancha vaqt oʻtmay, togʻora taraqlay boshladi – buqacha koʻsakni yeb boʻlib, togʻorani yalab-yulqayotgan edi. Bahrom novvosdan togʻorani bazoʻr tortib oldi-da, oy shu’lasi yoritib turgan tepalikka chiqmoqchi boʻldi.

Osmon ochiq, yulduzlar porlab turibdi. Oy ham toʻlin. Atrof xuddi kunduzdek yop-yorugʻ. Bir yoqda chigirtka nagʻma qiladi, uzoqroqdagi zovurdan esa qurbaqalarning sayrashi eshitiladi. Bahrom tepalikka chiqqach, koʻkragini toʻldirib nafas oldi. Soʻng maysalar ustiga chalqanchasiga choʻzildi. Qoʻllarini yozib, tepasidagi oyga tikildi. Shu asnoda boyagina xayollarini agʻdar-toʻntar qilib yuborgan qiz haqida oʻylay boshladi...

Bahrom bogʻning quyi qismida olma terayotganida katta yoʻl boʻyidagi eski shiyponga ikkita avtobus kelib toʻxtadi. Ichkaridan qiy-chuv qilib, talabalar tushishdi. Bahrom barcha ishini yigʻishtirib, oʻsha tomonga yugurdi. Talabalar avvaliga yangi joyni koʻzdan kechirib chiqishdi. Keyin esa avtobusdan yuklarini tushira boshladilar.

Bahrom beixtiyor avtobus yoniga borib qoldi. Hasharchilarning goh adirlarga, goh uzoqdan koʻrinib turgan togʻlarga tikilib turishini kuzatib, yoniga kelgan qizni payqamadi.

– Hey, sizga gapiryapman.

Bola yoniga qaradiyu, yuragi tez urib ketdi. Qip-qizil gʻuncha lablar, qop-qora charos koʻzlar, ayniqsa, uning husniga husn qoʻshib turadigan yuzidagi kulgichi Bahromni bir koʻrishdayoq oʻziga maftun etdi. Uzun kipriklar ostida taajjubli tikilib turgan xumor koʻzlarga bolaning koʻzi tushib, ikki yuzi qizarib ketdi.

Qiz quvnoq ovozda yana soʻz qotdi:

– Bolalar tarqab ketishdi. Oʻzim qiynalyapman, sumkamni koʻtarishvoring.

Bahrom endi oʻziga keldi. Baxtiyor qizning toʻrvasini qoʻliga oldi.

U qiz bilan gaplashishni juda-juda istardi. Ammo biror soʻz topolmadi. Qiz ancha shaddod ekan, oʻzi bolani soʻroqqa tutdi:

– Otiz nima?

Bu kutilmagan savoldan bola esankirab qoldi. Nahotki uning ismini bilgisi kelyapti?! Bahrom quloqlariga ishonmadi. Beixtiyor ismini aytdiyu sarmast holda osmonda ucha boshladi. U shu paytgacha bunday holatga tushmagan edi. Oldinlari qizlarni koʻrganda ham oʻzini yoʻqotib qoʻymasdi.

– Meniki Shohida, – dedi qiz oʻsha-oʻsha quvnoq ohangda. Oʻrtoqlarim Shohi deb chaqirishadi. Siz yaxshi bola ekansiz. Shu yerlikmisiz?

Nahotki u ham qizga yoqib qolgan boʻlsa?! Boʻlmasa, bunchalik soʻrab-surishtirmasdi. Balki qoʻl berib koʻrisharman, deb oʻyladiyu darrov yuzi pomidor boʻlib ketdi. Qizning ingichka qoshlarini kerib, labini choʻchchaytirib turishi bolaning qalbiga yana oʻt qaladi. Hali-hamon javob talab qilib turgan nigoh bilan Bahromning ham nigohi toʻqnashdiyu darhol koʻzini chetga oldi.

– Ha, shu yerda bogʻimiz bor. Har yili kuzda hosilni terish uchun kelaman.

Uning gapi uzilib qoldi. Nariroqda bir necha qiz ular tomonga qarab kelishayotgan edi. Qizlar ikkovini koʻrib, qiqir-qiqir kulishdi. Bola battar xijolat boʻldi. Endi bu yerda ortiqchaligini sezib, orqasiga burildi. Kelgan joyiga qaytib ketmoqchi edi, boyagi quvnoq ovoz uni yana toʻxtatdi. Bahrom yuragi zirillab, ortiga qaradi. Oʻzi bilmagan holda koʻzini yumib olgan ekan, qizning chaqiruvidan soʻng oʻziga keldi. Shohida unga qoʻlini choʻzib turardi. Bola endi tamomila karaxt boʻlib qoldi. U asta oʻng qoʻlini koʻtarib, qizning mayin qoʻlini ushladi. Shunda uning badani chumoli oʻrmalagandek jimirlab ketdi. Shunchalik sarxushligidan hushini yoʻqotayozdi. Koʻzlari suzilib, gandiraklab ortiga qaytdi. U yoʻqolgan bir qop oltinini qayta topib olgan odamday osmonlarda uchib borardi...

Bahrom ikkala qoʻlini boshining tagiga yostiq qilib qoʻydi-da, oyoqlarini chalkashtirib, tepasida turgan oyga yaxshilab razm soldi. Oymoma doimgidan koʻra sal kattalashgandek koʻrindi. Yoki oʻziga shunday tuyuldimikan? U yanada sinchkovlik bilan nazar soldi. Shu qadar berilib tikildiki, goʻyo oy bilan yonma-yon turgandek his qildi oʻzini... Keyin oyda oʻsha tanish qiyofa namoyon boʻla boshladi. Avval koʻzlar, qoshlar, kipriklar rasmi chizildi, soʻngra qizgʻish lablar va bejirimgina burun tasviri paydo boʻldi. Asta-sekin oy oʻrnini qizning ruxsori egalladi.

Bahrom unga shunchalar yaqin turganidan xijolat tortib, yuzini orqaga oldi. Tik turgan joyida yana oʻsha mayin qoʻl taftini his qildi. Bola endi oʻziga boʻysunmadi. Qizning qoʻlidan mahkam ushlab, qirlarga qarab yugurib ketdi. Ikkovlon kuchlari yetgan joygacha chopishdi. Eng yuqori choʻqqiga chiqishgach, oyoqlari ostidagi lolaqizgʻaldoqlar quchogʻida ancha vaqtgacha bir-biriga tikilib oʻtirishdi. Qancha paytdan beri bir-biriga toʻymagan koʻzlar bugun ayrilishni hech ham istamasdi. Visol damlari yetib kelgani har ikki oshiq yurak uchun ham aniq boʻlib tursa-da, jur’at etib bir nima qilishga botina olmasdi. Hatto bir soʻz deyishga-da hojat yoʻq edi. Faqat nigohlar soʻzlashar va bu tilni faqatgina oshiq yuraklar tushuna olardi.

Ular uzoq vaqt shu zaylda oʻtirishdi. Lekin hech bir-biriga toʻyishmadi. Aksincha yanada koʻproq termulib turishni xohladilar. Qizning lablari tabassumga moyil tarzda jilmayganida uning kulgichi bolaning diliga qayta oʻt yoqdi. Yulduz chaqnab turgan qizning koʻzlarida chuqur muhabbat izhori yashirin ekanligi shundoqqina bilinib turardi. Labining chetiga tushib turgan bir tutam sochi esa qizning jahlini chiqarmasdi. Aniqrogʻi, Shohida bunga e’tibor bermagandi. Bola ikki barmogʻi bilan oʻsha zulfni qizning qulogʻi orqasiga oʻtkazib qoʻydi. Shundagina hayodan qizargan yuzlar koʻzdagi nigoh bilan birga quyiga egildi. Keyin qiz uning qoʻlidan yulqib chiqib, nariroqqa bordi-da, qoʻllari bilan yuzini toʻsib oldi.

Bahrom oʻzida yoʻq xursand, baxtidan sarmast edi. Hozirda undan baxtli odam topilmasdi. Oppoq tishlarini koʻrsatib, jilmaydi-da, gullar ustiga asta choʻzildi. Koʻzlarini yumib, lahzalar ichida roʻy bergan voqealar haqida koʻproq oʻylashga urina boshladi...

– Hoy, sizga gapiryapman.

Bu tanish ovozdan Bahrom koʻzlarini ochdi. Quyosh tikkaga kelib qolgan, atrofida esa bir necha qiz unga qarab turishardi. Qizlarning oldida choʻzilib yotgani oʻziga ham erish tuyulib ketdi, shekilli, darhol oʻrnidan sakrab turdi. Shunday shirin tushning beliga tepgani uchun ularni bir soʻkmoqchi boʻldiyu, lekin boyagi tanish ovoz uning quloqlari ostida jaranglagandek yana yangradi:

– Hey, eski tanish, paxtazorda yurgan buqacha sizga qarashlimi?

Bu oʻsha qizning ovozi edi. Nahotki uni topib kelgan boʻlsa? Bu yerga qanday chiqishdi ekan? Yoki shunchalik koʻp uxlab yubordimi? U savollariga javob topgunicha qiz yana gap tashladi:

– Sizni buvingiz qidirib yuribdi. Pastga tushsangiz, yaxshi boʻlardi, – ular shunday deb, ortiga qarab ketishdi. Shohida keta turib, unga oʻgirildi. Qoʻlini koʻtarib, xayrlashgan boʻldi-da: – Bundan keyin bunaqa joylarda uxlamang, – deb shirin kulgichini unga hadya qilib ketdi.

Bola to oʻziga kelib olgunicha qizlar paxtazor ichida gʻoyib boʻlishdi. Nima deyishdi? Buqacha boʻshalib ketibdimi? U darrov yana paxtazorga qarab yoʻl oldi. Endi u dunyodagi eng baxtiyor inson edi. Yugurib borarkan, qip-qizil tusga kirgan yuzidan tabassum arimasdi...

«Yoshlik» jurnalining 2010 yil, 3-sonidan olindi.