OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Bobur Nabi. Yulduz (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBobur Nabi
Asar nomiYulduz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Bobur Nabi
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yulduz (hikoya)
Bobur Nabi

U qoʻlidagi kitobni yopib, tokchaga qoʻydi. Derazadan qaradi – shom vaqti boʻlibdi. Sandal choʻgʻiga qoʻyilgan obdastani olib, tashqariga chiqdi. Havo juda sovuq. Qor tizza boʻyi yoqqan. Osmonning oqish rangi qalblarga huzur bagʻishlar darajada tiniq. Yerdagi oppoq qor va osmon rangi birlashib, uygʻunlik hosil qilganday koʻrinar, ayniqsa, daraxtlarning ayrim shoxlari xuddi oq qogʻozning u yer-bu yeriga qalam bilan chizib qoʻyilgan kabi tasvirga mengzab, ajib manzara hosil qilgandi. Goʻyo bu yerda rassom sen-u, unga xohlaganingni chizishing mumkindek edi.

Uyda oʻtiraverib dimiqib ketgan chol uchun toza havo jonning rohati boʻlib ketdi. Oʻziga yoʻl ochish maqsadida kurakni olib, bir oz tanasini qizdirmoqchi boʻldi. Hojatxonaga qadar ellik qadamlar bor. Tomirlari boʻrtib chiqqan qoʻllariga tuflab, kurakni ushladi. Ayvondan boshlab, yoʻl ochishga tushdi. Qor zilday ekan, hech qancha yurmasdan harsillab qoldi. Qaddini tiklab, xuddi charchoqlardan xalos boʻladigandek chuqur uh tortdi. Ogʻzidan chiqqan hovur sekin-asta bostirib kelayotgan oqshom zulmati ta’sirida yoʻq boʻlayotgan oppoq tabiat qoʻynida koʻzga koʻrinmay ketdi. Chol shunda e’tibor berdi – agar shoshilmasa, namozshom oʻtib ketishi mumkin. Yana bir oz shunday turgach, oʻz ishiga shoʻngʻidi...

Oʻn besh daqiqa ichida manziliga yetib bordi. Peshonasidan ter quyilardi. Dam olish uchun bir chekkaga choʻkkaladi. Qoʻynidan durrasini olib, manglayidagi reza terlarni arta boshladi. Qishda terlab ishlash yaxshi-yu, lekin sovuq urib ketishi chakki-da. Oqshom tobora kunni yengib kelardi. Osmon toqida bir kichkina yulduz xira boʻlsa-da, nur sochishga tirishardi. Uni koʻrib, cholning yuziga tabassum oʻrmaladi. Goʻyo shu yulduz ham oppoq qor lashkarini yorib oʻtmoqchi boʻlayotgan cholga oʻxshab qolgandi. Lekin u bor kuchi bilan harakat qilayotgandek edi. Chol ham: «Shu mitti yulduzchalik boʻlolmaysanmi?» – deb oʻyladi-yu, shahd oʻrnidan turdi.

Obdastadagi suv ham sovib qolibdi. Biroq chol buni sezmadi yoki umuman e’tibor bermadi. Hozir uning xayollari boshqa samolarda parvoz etardi. Shomni oʻtkazib yubormaslik niyati ham qalbining bir chetida xira nur sochib turgani uchun asta qadam tashladi...

Ikki yonboshiga salom berib, asta oʻrnidan turdi. Joynamozni yuqoriga, oʻz joyiga qoʻyib, bir muddat sukut ichida qoldi. Endi qorin gʻamini yeyishi kerak. Oʻziga qolsa, ishtahasi ham yoʻq, ammo qorni xafa boʻlishi mumkin. Uning arazlashi esa sogʻliqqa ham ta’sir etishi tabiiy. Shuning uchun kechki ovqat tashvishiga tushdi. Plitaga choy qoʻyay desa, doimgidek bu paytda chiroq oʻchgan. «Qurmagurlar, shuni oʻchirmasa, nima boʻlarkin?» – deya odatdagiday xayolidan oʻtkazdi chol. Yaxshiyamki, termos degan matohi bor ekan. Ertalab shunga qaynoq suv solib qoʻygandi. Hali ham issiqqina turibdi. Tokchadan likopchada oqqand va gulli durraga oʻrab qoʻyilgan yarimta nonni olib, sandalga oʻtirdi. Termosdan piyolaga suv quyib, oqqand soldi. Oqqand xuddi tashqaridagi qorning nursiz quyosh jilvasidagi oppoq havoda erishiga oʻxshab, dogʻ suv ichida mayda zarralarga ajrab ketdi. Keyin u sal suvi qochgan nonni ham piyolaga botirdi. Koʻzlarini bir nuqtaga qadab, oʻyga toldi. Chamasi u boyagina oʻqigan kitobi haqida oʻylardi. Maktabda qorovullik qilib yurgan paytida bir yigit zerikib qolmasligi uchun unga tashlab ketgan kitob hozirda eng yaxshi ovunchogʻiga aylangandi. Shu-shu, bu kitob uning ajralmas doʻsti boʻlib kelmoqda. Hozirgacha necha marta oʻqiganini ham eslay olmaydi. Lekin har mutolaa paytida yangicha ma’no topadi. Ba’zan esa oʻz-oʻzidan va soddaligidan hayratga ham tushib qoʻyadi. Nahotki, shunday katta asar bitta cholning soʻzlari, oʻy-xayollari bilan oʻtib ketsa?! Yozuvchi shuncha gapni qaerdan olgan ekan-a?

U suvda ivigan va oqqandning mazasi yuqqan nonni tishladi. Shu tishlagan boʻlagini erinmasdan uzoq chaynadi. Soʻng shirin choyni simirib ichdi. Rohatlanib «vah», deb yubordi... Qorin masalasi hal boʻlgach, asta oʻrnidan turib, non bilan oqqandni yana joyiga qoʻydi. Tokchada yonib turgan shamni olib, yotadigan joyiga oʻrnatdi. Keyin boya shu tokchaga qoʻygan kitobni olib, joyiga yotdi. Kitobni sham yorugʻiga tutib, kelgan yerini topib, ochdi. Shunda oʻzini ham cheksiz dengizda suzib yurgan qayiq ustida oʻtirgan asar qahramoni — Choldek tasavvur qildi: qoʻllarining kafti ancha qavarib ketgan, buning ustiga ochlik ham Cholning sillasini quritgandi. Harflar sekin-sekin chaplashib, muayyan bir shaklga kira boshlaganda uning ham kipriklari goʻyo ogʻir narsa qoʻnganday asta qoqildi-da, koʻzlari chuqur oh tortganday yumildi...

U oʻzini cheksiz bir yalanglikda koʻrdi. Atrof oppoq qor. Hech zogʻ yoʻq – yerda ham, osmonda ham. Bir oʻzi qalin qor bosgan choʻlda turardi. Negadir oʻzini horgʻin sezdi. Boshi ogʻirlik qilganday yerga egildi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, uning tanasi saksovulga aylanib qolgandi. Qimirlasa, hech yerga jilmaydi. Faqat kallasi bilan tevarakni kuzatishi mumkin. Izgʻirin tanasidan oʻtib ketdi shekilli, ingrab yubordi. Buning ustiga, qorni rosa ochgan. Negadir juda suvsagan ham edi. Shamol saksovul shoxlarini havoda uchirar, bu esa unga rosa azob berardi. Alamdan baqirmoqchi boʻldi, lekin ovozi chiqmadi. Balki chiqqandir, biroq uni eshitadigan biror kimsa koʻrinmasdi.

Shu alfozda ancha vaqt qotib turdi. Xuddi ikkala qoʻlini ikki tomonga tortib boylab qoʻygandek boshini osiltirgancha faqat ingranardi. Shu payt qaerdandir boyagi Chol paydo boʻldi. Oʻzining qayigʻida. Uning yoniga kelib, qoʻlini choʻzdi-yu, lekin nogahon siltanib ketdi. Yelkasidagi chilvir Cholni tortib ketgandi. U oʻzini oʻngladi, ammo qayiq juda katta tezlikda uzoqqa ketib boʻlgan edi...

U choʻchib, uygʻonib ketdi. Yuziga quyosh nuri tushibdi. Yonida esa boyagi kitob. Koʻrgan tushining ta’siridan qutulib, hushiga kelgach, bomdod qazo boʻlganini angladi. Oʻrnidan qoʻzgʻalmoqchi edi, oyoqlari qimir etmadi. Qoʻllari bilan oyoqlarini jildirmoqchi boʻldi. Shunda kaftlari qavarib ketganini koʻrdi. Kecha qor kuraganiga boʻldimikan? Oʻrnidan turolmagach, bir muddat jim qoldi. U faqat kallasi bilan tevarakni kuzatishi mumkin edi. Sandaldagi choʻgʻ ham allaqachon oʻchgan, shuning uchun izgʻirin tanasidan oʻta boshladi. Ancha vaqtgacha shunday yotdi. Bular kamlik qilganday oshqozon surnay chalishga tushdi. Negadir rosa suvsagan ham edi. Lekin yordam beradigan odam yoʻq. Baqirgani bilan uning sust ovozini hech kim eshitmasdi.

Tasodifan xayoliga qayiqda oʻtirgan Chol keldi. Choldan koʻmak soʻramoqchi boʻldi. «Xudoyim, yeldek kel-u, seldek ol». U endi qanday madad soʻrashni bilardi. Qoʻlidagi kitobni koʻksiga qoʻyib, tilida bir nimalarni pichirladi va koʻzlarini yumdi. Uzoqdan bulutlar uyumini yorib chiqishga muvaffaq boʻlgan yorqin yulduz charaqlay boshladi. Goʻyoki u cholni oʻziga chorlayotganday bir koʻz qisib qoʻydi. Buni koʻrib, cholning lablariga xiyol tabassum yugurdi. Shundan keyin qayta koʻzlarini ochmadi...

Boya charaqlagan yulduz yonida kattaroq yana bir yulduz paydo boʻldi...