OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBoris Pilnyak
Asar nomiSoʻnmagan oy qissasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Boris Pilnyak
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonOrtiqboy Abdullayev
Hajm82KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Soʻnmagan oy qissasi (hikoya)
Boris Pilnyak

«
Boris Pilnyak (1894-1937) rus yozuvchisi. «Yalangʻoch yil» (1921), «Boʻron» (1922), «Uchinchi poytaxt» (1923), «Qizil daraxt» (1929) «Volga Kaspiy dengiziga quyiladi» (1930) kabi asarlari bilan shuhrat qozongan. Ijodida rus mumtoz adabiyoti va gʻarbdagi turli adabiy oqimlarning ta’siri ochiq seziladi.
«Soʻnmagan oy qissasi» yozuvchining eng yaxshi asarlaridan biri. U real hayotiy voqealar asosida yozilgan. Ma’lumki, 1925 yilda mashhur qoʻmondon Mixail Frunze Stalinning koʻrsatmasiga muvofiq majburan operatsiyaga yotqizilgan va koʻp miqdorda yuborilgan xloroformdan zaharlanib, olamdan oʻtgan edi. Oldindan rejalashtirilgan bu qotillik haqida ana shu yillarda hatto gapirish ham mumkin emas edi. Yozuvchi B.Pilnyak «Soʻnmagan oy qissasi»da mazkur voqeaga doir oʻz nuqtai nazarini dadil ilgari suradi. Asar nashr etilishi bilanoq yigʻishtirib olinadi va yoʻq qilinadi. Yozuvchi 1937 yilda soxta ayblar bilan qamalib otib tashlanadi. Vafotidan keyin 1956 yilda oqlangan. Asarlari koʻp tillarga tarjima qilingan.
»

Soʻzboshi

Bu hikoyani oʻqib, unda M.V.Frunze oʻlimiga bogʻliq voqealar tasvirlangan, degan xayolga borish mumkin. Shaxsan men Frunze bilan tanish emas edim, uni bor-yoʻgʻi ikki martagina koʻrganman, xolos. Oʻlimiga doir tafsilotlar menga butunlay qorongʻi. Bundan tashqari, ularning ahamiyati ham yoʻq. Sababi, bu hikoya harbiy komissarning oʻlimiga bagʻishlangan reportaj emas. Bu haqda oʻquvchini ogohlantirib qoʻyishni burchim deb bilaman. Zero, hikoyani oʻqiganlar hayotda boʻlib oʻtgan haqiqiy voqealar va tirik odamlarni izlab yurmasinlar.

Boris PILNYAK

Birinchi bob

Erta tongda shahar boʻylab zavod gudoklarining chinqirigʻi yangradi. Koʻchalarni tun boʻyi bosib yotgan kulrang tuman sudralib borar, yomgʻir maydalab yogʻar edi. Sekin-asta tarqala boshlagan bu tonggi sovuq tuman havoning ochiq boʻlishidan emas, aksincha, bugun ham diqqinafas, ogʻir, yomgʻirli kun kelishidan darak berardi. Gudoklar ancha vaqtgacha qichqirib turdi, dastlab sekin, bitta, ikkita, uchta, soʻng koʻplagan chinqiriqlar tong oldidan hordiq olayotgan shaharning kulrang osmoniga singib ketdi. Zavod gudoklari yangrar, shahar chekkasidan tinimsiz kelib-ketib turgan poezdlarni tortuvchi parovozlarning boʻgʻiq vishillab chiyillagan tovushi toʻxtovsiz eshitilib turardi. Bularning hammasi ogʻir tumanga oʻralgan shaharning oʻpkasi ishlab turganini, u nafas olayotganini bildirardi. Ana shu soatlarda tahririyatlarning bosmaxonalaridagi bosuv dastgohlari yangi gazetalarni bosish bilan mashgʻul edi. Koʻp oʻtmay gazeta bogʻlamlarini koʻtargan oʻsmir bolalar bosmaxona hovlilaridan boʻm-boʻsh chorrahalarga chiqishib tomoqlarini qirgancha:
— Xitoyda Inqilob! Komandarm Gavrilovning kelishi! Komandarm kasal! — deb koʻchani boshiga koʻtargancha qichqirishga tushadilar.

Ayni shu daqiqalarda janubiy vokzalga bir poezd kirib keldi. U maxsus poezd boʻlib, eng oxiriga koʻkish boʻyoqlari tovlanib turgan salon-vagon tirkalgan edi. Uning zinalarida indamas qoʻriqchi askarlar tik qotib turar, derazalari qalin pardalar bilan toʻsib qoʻyilgandi. Tuni bilan toʻxtamay yurib kelgan bu poezd vokzal binosiga sekingina kirib, hech qanday sas-sadosiz zahira yoʻlga oʻtib toʻxtadi. Perron boʻm-boʻsh edi. Eshiklar yonida yoqasiga yashil band taqilgan maxsus militsiya soqchilari qator tizilishib turishar edi. Yengiga romblar qadalgan uchta harbiy salon-vagon oldiga yurib keldi. Baravar chest berib salomlashdilar, kelgan kishilar boʻsagʻada toʻxtadi, qoʻriqchi vagon ichiga qarab kimgadir shipshib murojaat qildi, soʻng mazkur uch kishi zinadan koʻtarilib, parda orqasida gʻoyib boʻldi. Vagonda elektr chirogʻi yondi. Vokzal tomidan telefon simi tortayotgan ikki harbiy aloqachi vagon atrofida gʻimirlab yurardi. Mavsumbop eski palto kiygan, ammo boshidagi moʻyna telpagi modadan qolgan yana bir kishi vagon yoniga keldi. U hech kimga chest bermadi. Boshqalar ham unga e’tibor qilishmadi.
— Nikolay Ivanovichga Popov keldi deb aytinglar, — murojaat qildi u.

Qizil askar unga xushlamay qarab, boshdan-oyogʻigacha razm solib chiqdi, eski boshmogʻini koʻzdan kechirdi, soʻng ohista javob berdi:
— Oʻrtoq qoʻmondon hali turgani yoʻq.

Popov qizil askarga doʻstona kulimsiradi, negadir sensirab, avvalgidan ham muloyim gapirdi:
— Mayli, ukajon, sen ichkariga kir, kirginda unga haligi Popov keldi, deb qoʻygin.

Qizil askar ichkariga kirdi-yu, tez qaytib chiqdi. Shundan keyin Popov vagonga koʻtarildi. Salonda pardalar tushirib qoʻyilgani va elektr chirogʻi yonib turgani uchun hamon tun hukmron edi. Poezd janubdan kelganidanmi, salon janub havosiga toʻla edi: anor, apelsin, nok, a’lo navli sharob, a’lo navli tamaki hidi anqib turar, quyosh nuridan charogʻon oʻlkaning nafasi ufurar edi. Stol ustidagi chiroq yonida ochib qoʻyilgan kitob va tarelkada yarmi yeyilgan yorma boʻtqasi turar, boʻtqadan narida yechib qoʻyilgan toʻpponcha gʻilofi va uzun tasma ilondek choʻzilib yotardi. Stolning narigi chekkasiga boʻsh shishalar terib qoʻyilgan. Yengiga romba qadalgan boyagi uchta harbiy stol qarshisiga — devor tagiga qoʻyilgan teri qoplangan oʻrindiqlarda papkalarini ushlagan koʻyi salobat bosganidan yuvoshgina boʻlib jim oʻtirishardi. Popov stol oldigacha keldi, paltosi va telpagini yechib, yoniga qoʻydi va ochiq turgan kitobni olib, koʻz yugurtira boshladi. Vagon xodimi kirib, hech kimga e’tibor bermasdan stol ustini yigʻishtirishga tushdi: shishalarni bir burchakka eltib qoʻydi; anor poʻchoqlarini patnisga olib, stolga dasturxon yozdi, taxsimchada bitta stakan, kichkina qadah, ikkita tuxum, tuz, dori solingan shishacha keltirib qoʻydi, parda burchagini koʻtarib tashqariga qaradi va deraza pardalarini bir chekkaga qarab surdi, parda bogʻichlari gʻirchillab arang siljidi, elektr chiroqlari uchirildi: salonga yomgʻirga toʻyingan namchil tonggi kuz havosi yopirilib kirdi. Ammo hamma narsada qandaydir xafagezaklik bordek tuyular edi, burchakda sharob idishiga yashik va uzunasiga oʻralgan gilam koʻzga yaqqol tashlanib turardi. Qoʻliga salfetka ushlagan vagon xizmatchisi eshik yonida haykaldek turib oldi. Odamlarning yuzi bu sovuq tongda sargʻimtil koʻrinar, taralayotgan xira nur qonli sariq suvni eslatardi. Ostonada vagon xizmatchisi yonida harbiy xodim paydo boʻldi: safar idorasi ishga tushdi, telefon jiringlay boshladi.

Ana shunda yotoqxonadan qoʻmondon chiqib keldi. U oʻrta boʻyli, keng yagʻrinli, sargʻish kishi boʻlib, uzun sochlari orqaga taralgandi. Yashil movutdan tikilgan va yengiga toʻrtta romba qadalgan harbiy gimnastyorkasi gʻijimlanib ketgan edi. Shporli etigi yarqiratib moylanganiga qaramay, yeyilib ketgan poshnalari koʻp zahmat chekkanidan darak berardi. Bu fuqarolar urushidagi barcha qahramonliklar, ming, oʻn ming, yuz minglab kishilarning qismati, ming, oʻn ming, yuz minglab kishilarning oʻlimi, azob-uqubatlari, mayib-majruhligi, sovuq, ocharchilik, oʻlat, safar izgʻirinlari, toʻplar na’rasi, oʻqlar hushtagi, tungi gulxanlar va boʻronlar, tinkani quritadigan safarlar, gʻalaba sururi, magʻlubiyat alamlari, yana va yana oʻlimlar bilan nomi chambarchas bogʻlangan, ne-ne mashaqqatlarni yelkasida koʻtarib, nomi afsonaga aylanib ketgan inson edi. U armiyalar, minglab odamlar ustidan qoʻmondonlik qilgan edi. U gʻalabalar, oʻlimlar, porox dudlari, singan suyaklar, tilka-pora boʻlgan goʻshtlar ustidan qoʻmondonlik qilgan edi. U qozongan gʻalabalar front orqasida koʻtarilgan sanoqsiz qizil bayroqlar va minglab odamlarning suronli na’ralari bilan nishonlanar, bu haqda radiolar butun dunyoga jar solar edi. Bu gʻalabalardan keyin qumloq rus dalalarida chuqur oʻralar qazilar va bu mudhish oʻralarga ming-minglab odamlarning murdalari koʻmib tashlanar edi. Bu odamning nomi urush haqidagi afsonalar, sarkardalik dahosi, tengsiz jasorat, mardlik, matonat bilan chulgʻanib ketgan edi. Bu odam minglab oʻziga oʻxshagan kishilarni oʻlimga joʻnatish yoki saqlab qolish huquqiga ega edi. Hozir esa salonga koʻpchilik qatori oʻrta boʻyli, keng yagʻrinli, xushf’el, seminariya talabalaridek toliqqan qiyofadagi kishi kirib keldi. Uning chaqqon harakatlari harbiy yoki otliq askardan koʻra koʻproq oddiy fuqaronikiga oʻxshab ketardi. Boyagi uch harbiy uni koʻrishi bilan tik turib toshdek qotdi. Ular uchun bu kishi armiya deb ataladigan ulkan mashinaning boshqaruvchisi, ularning taqdiri, birinchi navbatda hayoti uchun, yuksalishlari yoki yuztuban ketishlari uchun amru farmon beruvchi, oʻlim va falokatlardan asrovchi hokimi mutlaq qoʻmondon edi. Qoʻmondon ularning oldida toʻxtadi, qoʻl berib koʻrishmasdan erkin turaveringlar, degandek ishora qildi. Axborotlarni tikka turgan holda eshitdi: ular bir qadam oldinga chiqib, tik qotgan koʻyi shaxdam ovozda qisqa va aniq ma’lumot berishardi. Qoʻmondon axborotlarni mutlaqo e’tibor bermasdan eshitgach, ularning qoʻllarini siqib qoʻydi. Nihoyat, u yolgʻiz turgan stakan oldiga kelib oʻtirishi bilanoq vagon xizmatchisi paydo boʻldi va yaltiroq choynakdan choy quyib berdi. Qoʻmondon qoʻliga tuxumni oldi.
— Ishlar qanday? — soʻradi u hech qanday rasmiyatsiz, beparvo ohangda.

Harbiylardan biri ma’lumot berdi, yangiliklarni aytib boʻlgach, ehtiyotkorlik bilan soʻradi:
— Sogʻligʻingiz qanday, oʻrtoq Gavrilov?

Qoʻmondonning yuzi darhol oʻzgarib ketdi, u norozilik bilan gapirdi:
— Mana, Kavkazga borib keldim, davolandim. Endi tuzaldim, — sal oʻylab turgach, — endi sogʻman, — dedi va yana jim qoldi. — Shunday buyruq beringlar, hech qanday tantanalar, hech qanday faxriy qorovullar boʻlmasin, umuman... — Tagʻin jim qoldi. — Sizlarga javob, oʻrtoqlar.

Uch harbiy ketish uchun oʻrnidan turdi. Qoʻmondon joyidan qoʻzgʻalmay, qoʻl uzatdi — ular salondan ohista chiqib ketishdi. Qoʻmondon salonga kirgan paytda Popov unga salom bermagan va kitobni varaqlagancha oʻtiravergan edi. Qoʻmondon ham unga qarab qoʻygan boʻlsa-da, xuddi payqamagandek, salomlashmadi. Harbiylar chiqib ketgandan keyin ham qoʻmondon u bilan salom-alik qilib oʻtirmasdan xuddi kecha kechqurun birga boʻlishgandek, parvosiz soʻradi:
— Choy ichasanmi, Alyosha yo sharobmi?

Popov javob berishga ulgurmasdan yordamchi kirib kelib, «oʻrtoq komandarm»ga axborot bera boshladi: — Avtomobil platformaga tushirildi, idoraga maktublar kelyapti, bir maktub birinchi raqamli uydan, uni kotib olib keldi — maxfiy maktub — shtabda xonadon tayyorlab qoʻyilgan. Tabriklar yoʻllangan koʻplab xatlar va telegrammalar bor.

Qoʻmondon vagonda turaman, degan javob bilan yordamchini chiqarib yubordi. U hozir oʻz armiyasiga emas, begona shaharga kelganini yaxshi his qilar edi: uning oʻz shahri va armiyasi bu yerdan minglab chaqirim narida, u shaharda, u yerdagi okrugda ishlari, tashvishlari, mashgʻulotlari, xotini qoldi. Vagon xodimi Popovning javobini kutib oʻtirmay stolga choy va sharob uchun stakan qoʻydi. Popov burchakdan chiqib, qoʻmondon yoniga oʻtirdi.
— Sogʻligʻing qanday oʻzi, Nikolasha? — soʻradi Popov tugʻishganlardek mehribonlik bilan.
— Sogʻligʻim — har galgidek tuzuk, sogʻ-salomatman, — ammo azizim, tobutim yonida faxriy qorovullikda turishingga toʻgʻri keladimi deyman, — dedi Gavrilov, u hazillashyaptimi, jiddiy gapiryaptimi — bilib boʻlmasdi: har holda ovozida achchiq kinoya bordek tuyulardi.

Bu ikki kishi — Popov bilan Gavrilov — eskidan qalin doʻst edilar. Ular olis yoshlikdan fabrikada yashirin tashkilotga a’zo boʻlgan, Orexovo-Zuevoda toʻquvchilik qilgan davrlaridan beri birga edilar. Yoshlikda Klyazma daryosi kirib gʻoyib boʻladigan Klyazma oʻrmonlari orqasidagi Pokrov shahriga eltadigan yoʻl boʻyida — kimsasiz Pokrov monastrida toʻgarakchi «ishtonsiz» toʻquvchi yoshlarning yigʻilishlari, taqiqlangan kitoblar, xuddi injildek avaylab «Don chaqiriqlari» va «Iskra»ni oʻqiganlari, ishchi kazarmalari, yigʻinlar, uchrashuvlar, beshinchi yilda ishchilarning boshi uzra vizillab uchgan kazak oʻqlari va qamchilar oʻynagan stantsiyadagi katta maydonlar; keyin birgalikda Bogorodskiydagi qamoq azoblari, soʻng inqilob yoʻlini tanlagan bolsheviklarga xos — surgun, qochish, yashirin harakat, Tagan qamoqxonasi, qochish, xorijga ketish, Parij, Vena, Chikago; oʻn toʻrtinchi yildagi qora bulutlar, Brindizi, Saloniki, Ruminiya, Kiev, Moskva, Peterburg — Oʻn yettinchi yil momaqaldiroqlari: Smolniy, Oktyabr, Moskva Kremli ustida toʻplar na’rasi va ularning biri — Rostov-Dondagi Qizil gvardiya shtabi boshligʻi, ikkinchisi Tula proletarlar harakatining yetakchisi; biri — urush, gʻalabalar, toʻplar, odamlar, oʻlim qoʻmondoni, ikkinchisi — gubkomlar, ispolkomlar, VSNX, konferentsiyalar, majlislar, loyihalar va dokladlar ishtirokchisi. Ikkisi uchun ham hayotning ma’nosi, yashashdan maqsad buyuk jahon inqilobini amalga oshirish, butun dunyoda adolat va haqiqat oʻrnatish yoʻlida kurashishdan iborat. Ular bir-biri uchun bir umrlik doʻst: Nikolasha, Aleksey, Alyoshka boʻlib qolgan edilar. Ular uchun amal, martaba, mansab darajasining ahamiyati yoʻq edi.
— Menga ochiqchasiga aytaver, Nikolasha, kasaling ogʻirmi? — soʻradi Popov.
— Bilasanmi, menda oshqozon yarasi paydo boʻlgan yoki boʻlishi mumkin. Oʻzingga ma’lum-ku, ogʻriqlar, qon qusish, ogʻir jigʻildon qaynashlari — bari oʻtib ketdi, — qoʻmondon Alekseyga engashdi. — Meni Kavkazga joʻnatishdi, davolashdi, ogʻriqlar tuzaldi, ishga tushdim, yarim yil ishlaganimdan keyin yana koʻngil aynish va ogʻriqlar boshlandi, yana Kavkazga bordim. Hozir yana ogʻriqlar oʻtib ketdi, oʻzimni sinab koʻray deb bir shisha sharob ichdim... — Qoʻmondon soʻzlashdan toʻxtadi: — Alyoshka, sharob ichishni xohlasang, ana, taxta tagida turibdi. Senga deb bir quti olib kelganman. Ogʻzini och.

Kaftlari bilan boshini changallab oʻtirgan Popov javob berdi:
— Yoʻq, men ertalabdan ichmayman. Gapiraver.
— Ahvol mana shunday, sogʻligʻim joyida. — Qoʻmondon jim qoldi. — Ayt-chi, Alyoshka, meni nega bu yoqqa chaqirishdiykin, bilmaysanmi?
— Bilmayman.
— Buyruq oldim — Kavkazning oʻzidan toʻgʻri yetib kelish haqida, hatto xotinimning oldigayam borolmadim. — Qoʻmondon jim qoldi. — Kim bilsin, nima boʻlayapti? Armiyadagi ishlar joyida, s’ezdlar, boshqa tadbirlar yoʻq... Oʻzing Kavkazda boʻlganmisan? Haqiqatan ham ajoyib oʻlka, — bizda uni shoirlar yarim kunlik joy deb atashadi, — bu soʻzning ma’nosini yaxshi tushunmayman, haqiqatan ham har gal yarim kun turgandek boʻlaman. Bordimu qaytdim!.. — Anor yeysanmi, Alyosha? Menga mumkin emas, yordamchilarimni siylayapman. — Yaxshi qilamanmi?

Qoʻmondon armiya haqida gapirdi, u toʻquvchiligini allaqachon unutgan — Qizil Armiya sarkardasi va qizil generalga aylangandi; qoʻmondon Orexovo-Zuevo haqida, u yerda oʻtgan damlar haqida joʻshib gapirar ekan, chamasi qay tarzda toʻquvchi boʻlganini, ana shu kezlarda daryo yoqasida yashaydigan oʻqituvchini sevib qolgani, uni deb yaltillatib moylangan etigiga chang yuqtirmaslik uchun maktab oldigacha yalangoyoq borgani va maktab zinasi yoniga kelgandagina qayta kiygani, unga atab ipak bogʻich bogʻlangan guldasta va ketvorgan a-lya shlyapasi sotib olgani, soʻng gap-soʻzlari oʻqilgan kitoblardan nariga oʻtmagani, oqibatda oʻqituvchi rad etgani tufayli orziqib kutilgan roman roʻyobga chiqmaganini eslamadi, albatta. Toʻquvchi-qoʻmondon saranjom-sarishtali yaxshi odam boʻlib, hazillashishni sevar va hamma narsadan kulgili vaziyatlar chiqara bilardi, u doʻsti bilan hazil-huzul qilib chaqchaqlashib oʻtirar ekan, vaqti-vaqti bilan nega chaqirilgani esiga tushib, bezovtaligi oshar, ana shunda yana sogʻlom toʻquvchiga aylanib, bemor qoʻmondon haqida gapira boshlardi: «Amaldor, feldmarshal, senator emish! Marjumak boʻtqasini yemayman deydi-ya... Ha, ogʻayni, tseka[1] odamlarni oʻynatadi, qoʻshiqdan soʻzni olib tashlab boʻlmaydi-ku!» — deb jim boʻlib qolardi.
— Nikolasha, nimadan shubhalanayotganingni ochiq tushuntirib bersang-chi? — dedi Popov. — Faxriy qorovul deb valaqlaganing nimasi?

Qoʻmondon darrov javob qaytarmadi, soʻng ohista:
— Rostovda Potapni uchratib qoldim (u oʻn sakkizinchi yilning «shonli qahramonlari»dan boʻlgan mashhur inqilobchini partiyaviy laqabi bilan tilga oldi), shunda u aytdiki... meni operatsiyaga yotishga koʻndirishga urindi, yarani kesishmi yoki tikib qoʻyish deysanmi, xullas, shu narsaga qilgan da’vati menga shubhali tuyuldi. — Qoʻmondon jim boʻlib qoldi. — Men oʻzimni sogʻlom his etayapman, butun vujudim operatsiyaga qarshi turipti, xohlamayman, shundogʻam yaxshi tuzalyapman. Ogʻriqlar yoʻqoldi, hatto semira boshladim, yana kim biladi deysan... — kap-katta odam, qariya, amaldor, — qornimga qarab oʻtiribman. Uyat. — Qoʻmondon jim qoldi, soʻng ochiq turgan kitobni qoʻliga oldi. — Tolstoyni — qariyani oʻqiyapman — «Bolalik va oʻsmirlik»ni, — qariya qotirib yozgan-da, turmushni nozik his qiladi, qonniyam... Men qonni koʻp koʻrdim, ammo... operatsiyadan yosh bola singari qoʻrqaman, tilib tashlashlarini xohlamayman... Qariya odam qoni nimaligini yaxshi anglagan.

Yordamchi kirib, tik turgancha shtabdan ma’lumotlar keltirishgani, birinchi raqamli uydan qoʻmondon uchun mashina yuborishganini, u yerga borish zarurligini, yangi telegrammalar olinganini, janubdan joʻnatilgan yuklarni olish uchun kimdir kelganini aytib, batafsil axborot bera boshladi. U stol ustiga bir toʻda gazetalarni qoʻydi. Qoʻmondon yordamchiga javob berdi va shinel keltirishni buyurdi. Qoʻmondon gazetani yoyib koʻrdi. Muhim voqealar yoritiladigan joyda: «Qoʻmondon Gavrilovning kelishi» degan sarlavha bor edi. Uchinchi betda esa «Bugun qoʻmondon Gavrilov oʻz armiyasini vaqtincha tark etib, oshqozonidagi yarasini operatsiya qildirish uchun poytaxtga keldi», deb yozilgandi. Yana shu xabarda «oʻrtoq Gavrilovning sogʻligʻi tashvish tugʻdiradi», ammo «professorlar operatsiya yaxshi oʻtishiga kafolot bermoqdalar», deb ilova qilingandi. Inqilobning eski jangchisi, askar, qoʻmondon, sarkarda, minglab odamlarni — urush taqdirini hal qilish uchun oʻlimga mahkum qilingan odamlarni jangga yuboradigan va qon bilan gʻalaba qozonadigan Gavrilov stul suyanchigʻini orqaga surdi, qoʻli bilan peshonasini artib, Popovga diqqat bilan tikilib turib gapirdi:
— Alyoshka, eshitayapsanmi? — bular behuda emas. — H-ha. Nima qilish kerak? — va qichqirdi: — Soqchi, shinelni keltir!

Soat kunduzgi oʻn bir boʻlgan edi, shahar boʻylab kunning yashil loyqasi sudralar, ochigʻini aytganda, bu yashil loyqa koʻzga koʻrinmasdi, chunki koʻplab binolar qad koʻtargan bir parcha yer ustida shahar mashinalari — aravakash otlarni, tramvay va avtobuslarni, uylardagi yigʻishtirilmagan toʻshakdan tortib, qirgʻoq boʻylab mashq qilayotgan askarlargacha, buxgalterlik zallari va harbiy xalq komissariyati xonalarining baland shiftlariga qadar yoyilgan sukunat — hamma narsani chir aylantiradigan, burab tashlaydigan, odamlarni dastgohlar, stollar, idoralar, avtomobillar yoniga, koʻchaga daryodek oqizib boradigan shaharning murakkab mashinalari suroni ostida kunduzgi kulrang havo, yogʻingarchilik, pilchillagan yashil loyqa bilinmay ketar edi.

Ikkinchi bob

Shaharning ikki katta koʻchasi tutashgan, avtomobillar, odamlar, ot aravalar turnaqator boʻlib kesib oʻtadigan joyda — panjaralar ortida ustunli muhtasham imorat qad koʻtargan edi. Panjaralar ortidagi bu imorat yuz yillardan beri mana shu yerda tinch mudroq bosgan koʻyi jim turadi. Imorat peshtoqlariga hech qanday lavha ilingan emas.

... Tush chogʻida mana shu birinchi raqamli uy oldiga usti yopiq «Roys» mashinasi kelib toʻxtadi. Soqchi eshikni ochdi, limuzin ichidan qoʻmondon tushdi.

... Uyning narigi chekkasidagi xona oynalarida pardalar yarim tushirib qoʻyilgan; deraza orqasida serharakat koʻcha koʻzga tashlanadi; xonada kamin yonib turibdi; stolda — qizil movut ustida uchta telefon apparati boʻlib, ularning qoʻngʻiroqlari kamindagi tarasha chirsillashiga qoʻshilib, xona sukutini buzardi, xonaga oʻrnatilgan uchta telefon apparati — shaharning uchta qon tomiriga aylanib, sukunat qa’ridan turib shahar ustidan hukmronlik qilar, shahardagi hamma yangiliklar ana shu shoh tomirlarga kelib tushar edi. Stol ustida bronzadan quyilgan hashamdor yozuv asboblari turar, qalamdonga oʻnga yaqin qizil va koʻk qalamlar solib qoʻyilgandi. Xona devorida, yozuv stoli orqasida bir juft quloqchinli radio osilgan, qabulxona qoʻngʻirogʻiyu «harbiy trevoga» tugmasigacha qator saf tortgan edi. Yozuv stolining qarshisida charm oʻrindiq. Stol orqasidagi yogʻoch stulda egilmaydigan odam oʻtirardi. Deraza pardalari yarim tushirilgan, yozuv stolidagi yashil abajurda elektr chirogʻi yonib turgani uchun egilmas odamning yuzini koʻrib boʻlmas edi.

Qoʻmondon gilam ustidan yurib kelib, charm oʻrindiqqa oʻtirdi.

Birinchi — egilmas odam:
— Gavrilov, sen bilan inqilob tegirmoni haqida gaplashib oʻtirmaymiz. Afsuski, tarix gʻildiragi, ayniqsa, inqilob gʻildiragi, men shunday oʻylayman, koʻp hollarda oʻlim va qon bilan harakat qiladi. Qon bilan oʻlim nimaligini yaxshi bilasan. Ikkimiz och-yalangʻoch qizil askarlarni Yekaterinovga boshlab borganimiz esingdami? Senda miltiq bor edi, menda ham. Snaryad tushib, oting nobud boʻldi, sen piyoda qolding. Qizil askarlar orqaga qocha boshladilar, ularni toʻxtatish uchun qoʻlingdagi nagan bilan bittasini otib tashlading. Komandir, qoʻrqoqlik qilganimda meni ham otib tashlar eding va buni men toʻgʻri deb hisoblayman.

Ikkinchi, qoʻmondon:
— Ey, sen bu yerga qanday joylashib qolding, ministrga oʻxshaysan-a? Bu yerda chekish mumkinmi? Men kuldonni koʻrmayapman.

Birinchi:
— Chekma, keragi yoʻq. Sogʻligʻingga toʻgʻri kelmaydi. Men chekmayman.

Ikkinchi, keskin, tez:
— Ortiqcha hashamsiz gapiraver, nimaga chaqirding? Diplomatchiliging kimga kerak? Gapir!

Birinchi: — Shuning uchun chaqirdimki, seni operatsiya qilish zarur. Sen inqilobga kerakli odamsan. Professorlarni chaqirdim, ular bir oyda oyoqqa turib ketadi deyishmoqda. Buni inqilob talab qiladi. Professorlar kutib oʻtirishibdi, seni koʻrishadi, tekshirishadi. Buyruq berib qoʻyganman. Hatto bitta nemis ham keldi.

Ikkinchi: — Nima desang deyaver, men baribir chekaman. Mening shifokorlarim operatsiyaning keragi yoʻq, oʻzi bitib ketadi, deyishdi. Oʻzimni sogʻlom his qilayapman, hech qanday operatsiya kerak emas, men xohlamayman.

Birinchi qoʻlini orqasiga qoʻydi, devordagi tugmani bosdi, kotib ovoz chiqarmay kirdi, birinchi soʻradi: «Qabulga turganlar bormi?» — Kotib bosh silkidi. Birinchi hech narsa demasdan kotibni chiqarib yubordi.

Birinchi:
— Oʻrtoq qoʻmondon, toʻrt ming odamni aniq koʻrinib turgan oʻlimga yuborish kerakmi, yoʻqmi, deb bahslashganimizni eslaysanmi? Sen joʻnatishga buyruq berding. Toʻgʻri qilding. — Uch haftadan keyin oʻrningdan turib ketasan. Meni kechirasan, buyruq berib qoʻyganman.

Telefon jiringladi, u shaharniki emas, ichki — Oʻttiz-qirqta simlardan biri edi. Birinchi dastani koʻtardi, tingladi, qayta gapirdi: — «Notami, frantsuzlargami? — albatta rasmiy, kecha kelishganimizdek. Birga xonbaliq ovlagan paytlarimizni eslab turasanmi? Frantsuzlar juda tegmanozik boʻlishadi. Qanday? Ha, ha, burab qoʻy. Hozircha».

Birinchi:
— Meni kechirasan, oʻrtoq Gavrilov, boshqa gapga oʻrin qolmadi.

Qoʻmondon papirosni oxirigacha chekdi, qoldigʻini koʻk va qizil qalamlar orasiga tiqib qoʻyib, oʻrnidan turdi.

Qoʻmondon:
— Xayr.

Birinchi:
— Hozircha.

Qoʻmondon qizil gilamcha ustidan yurib ostonaga chiqdi, «Roys» uni sershovqin koʻcha boʻylab olib ketdi. Egilmaydigan odam xonada qoldi. Huzuriga boshqa hech kim kirmadi. Qoʻlida qizil qalam ushlab, engashmagan koʻyi qogʻoz titib oʻtirdi. Tugmachani bosdi — kotib kirdi, unga topshiriq berdi: «Qalamdon ichidagi qoldiqni olib tashlash chorasini koʻring». Yana qizil qalamni ushlab, qogʻozlarni oʻqishga tushdi. Bir-ikki soat oʻtdi, mansabdor qogʻozlarni titdi, ishladi. Faqat bir marta telefon jiringladi, u tinglab javob berdi. «Turkistondagi tovarsiz oʻpqonni bekitish uchun ikki millionlik kalish va manufaktura. Ha, oʻz-oʻzidan ravshan. Ha, boraver. Hozircha». Tovush chiqarmay xizmatchi kirdi va oyna yonidagi stolga patnisda ustiga salfetka yopilgan bir stakan choy bilan bir parcha yaxna goʻsht qoʻyib ketdi. Egilmaydigan odam kotibni yana chaqirib soʻradi: «Maxfiy ma’lumot tayyormi?» — Mansabdor katta qogʻozni olib, tashqi ishlar xalq komissariati, OGPUning Siyosiy va Iqtisodiy boʻlimlari, Tashqi Savdo xalq komissariati, Mehnat xalq komissariatiga bogʻliq ruknlarni ancha vaqt koʻzdan kechirib oʻtirdi. Shundan keyin xonaga birin-birin uchlikka[2] mansub odamlar — hukm yurituvchilar kirib kelishdi.

Tuman quyqasiga belangan sargʻish tun shahar boʻylab sudralib borardi. Soat uchlarga yaqin yoʻlkalar va havo koʻkish, kulrang tusga kira boshladi.

Soat toʻrtda shaharning xoʻl fonarlari fohishalarning im qoqayotgan koʻzlariga oʻxshab yona boshlagan, koʻchalar odamga toʻlib, avtomobillarning shovqini, zavod gudoklari va poezdlarning chinqirigʻi, tramvaylarning taraq-turugʻi hamma yoqni tutgan pallada chekkadagi ikkinchi uy oldiga bir necha avtomobil kelib toʻxtadi. Uy qorongʻilik pardasiga chulgʻangan, ayni shu qorongʻilik rutubatli nam havoni isitib beradigandek tuyulardi. Uyning daryo qirgʻogʻidagi kengliklarga qaragan derazalari soʻnggi shafaq nurlarida tovlanar, shafaq u yoqda, kengliklardan narida tirqishdan taralayotgandek yoyilib, qotib qolgan qon tomchilariga oʻxshab koʻrinar edi. — Eshik oldida peshband bogʻlab, piyma kiygan farrosh gʻimillar, ikki millitsioner tik qotib turardi. Ichkarida — uyga kiraverishda ham ikki militsioner bor edi. Ikkita Qizil Bayroq nishonini taqqan qizil qoʻmondon novdadek silliq, chaqqon ikki qizil askar hamrohligida dahlizga kirdi. Hordiq payti boʻlgani uchun xonalarda sukunat hukm surar, faqat uzoq burchakdan hamshiraning nihoyatda past ovozda daryo qirgʻogʻida toʻlqinlarga tikilib oʻtirishni qoʻmsab kuylayotgan qoʻshigʻi arang eshitilardi. Qizil komandir va qizil askarlarni ostonada oq xalatli kishi kutib oldi. «Ha-ha-ha, bilasizmi?» — shu zahotiyoq hamshiraning daryo toʻlqinlari haqidagi qoʻshigʻi tindi. Qabulxona derazalari daryo qirgʻogʻiga qaragan boʻlib, parda tutilmagan edi. Devorlar oq boʻyoqlar bilan boʻyalgan, shiftdagi elektr chirogʻidan oq nur taralardi. Telefonlar koʻrinmasdi. Xona katta va boʻmboʻsh edi. Oʻrtada oq kleyonkali stol, uning atrofida temir yoʻllardagiga oʻxshash suyanchiqlari baland kleyonkali stullar qoʻyilgandi. Devor yonida oq choyshab yopilgan divan va yogʻoch kursilar. Burchakdagi chanoq ustiga oʻrnatilgan oynaband tokchalarga har xil hajmli turli-tuman idishlar, simobli shisha, yashil sovun solingan banka terilgan, yoniga oxorlanmagan sariq sochiq osilgan edi. Birinchi avtomobilda professorlar, terapevtlar, jarrohlar kelishgandi. Belburma kamzul va qora nimcha kiygan odamlar qabulxonaga kirishdi, bu odamlar darhol kamzullarini yechib, oq xalat kiyib olishdi. Derazalardagi qon rang shafaq shu’lalari oʻldi. Odamlar kirib salom berishar, ularni baland boʻyli, sersoqol, xushfe’l, qalin sochli xoʻjayin kutib olar edi. Fan, ayniqsa, tibbiyot olimlari, aksari hollarda negadir badbashara koʻrinadi: yo yonoqlari yaxshi oʻsmagan, yo nihoyatda boʻrtgan boʻladi, oqibatda yonoqlar quloqdan oshib ketadi; koʻzlariga hamisha koʻzoynak qoʻndirilgan, koʻzoynak esa hatto koʻz xaltasini eng chekkasida osilib turgan boʻladi; taqdir koʻpchiligini sochdan siqib qoʻyadi, siyrak soqoli boʻynida oʻsadi, ba’zilarining sochi yonogʻi va iyagidagina emas, burnida yoki qulogʻida ham dimiqib oʻsaveradi, ayni shu holat tufayli bu olimlar davrasi jinni-gʻinni odamlar toʻdasiga oʻxshab koʻrinadi, goʻyo har bir olim albatta telbavash boʻladigandek bu telbavashlik esa ularni bagʻoyat oʻqimishli qilib koʻrsatadigandek edi. Ammo bunday telba-teskarilik hozir qabulxonada koʻzga tashlanmasdi. Xoʻjayin sifatida kutib olayotgan jarroh professorning qalin tuklari burnida ham tikkayib turar, burun uchiga qoʻndirilgan kichik koʻzoynagigina uni telbavash qiyofada koʻrsatardi. Oʻttiz besh yoshlardagi, yaltirbosh, kamzul kiyib, pensne taqqan, koʻzlari ichiga botib ketgan professor Lozovskiy mezbon qarshisiga keldi.
— Ha-ha-ha, bilasizmi?

Yaltirbosh sersoch xoʻjayinga surgʻichli muhri buzilgan konvertni uzatdi. Sersoch kishi ichidagi qogʻozni oldi, koʻzoynagini toʻgʻrilab, oʻqidi, yana koʻzoynagini toʻgʻriladi, taajjublandi va qogʻozni uchini kishiga uzatdi.

Yaltirbosh tantanali ohangda:
— Maxfiy qogʻoz, koʻryapsizmi, buyruq oʻrnida. Uni menga ertalab keltirib berishdi. Tushunyapsizmi?

Birinchi, ikkinchi, uchinchi odam past ovozda shosha-pisha gapga tushib ketishdi.
— Konsiliumga hojat bormikan?
— Meni shoshilinch tarzda yuborishdi. Universitet rektori nomiga telegramma joʻnatishibdi.
— Bilasizmi, qoʻmondon Gavrilov — haligi... ayni shuning oʻzimi?
— Ha-ha-ha, nima deysiz, — inqilob, armiya qoʻmondoni, formula, — va — mar-ha-mat.
— Konsilium.
— Janoblar. Gavrilovning oʻzini koʻrdinglarmi — qanaqa odam ekan?
— Ha-ha-ha, bilasizmi, birodar.

Tik tushib turgan elektr nurida soyalar tebranadi.

Shafaq soʻnib, daryo qirgʻogʻidagi yalanglikni zulmat bosdi. Biri ikkinchisining xalatidagi tugmani ushlab, uchinchisi narigisini qoʻltigʻidan olib xonada yurib gaplasha boshladilar. Birinchi, ikkinchi, uchinchi baland ovozda, shoshilmay, xotirjam muloqotga kirishmoqda edi.
— Professor Oppelning jarrohlar s’ezdida ichki sekretsiya bezlari haqidagi nutqida men oʻn ikki barmoqli ichakka opponentlik qildim.
— Bugun Olimlar uyida...
— Rahmat, xotinim soppa-sogʻ, katta kolit bezovta qilib turadi. Yekaterina Petrovna yaxshimi?
— Pavel Ivanovich, «Jamoatchi shifokor»da maqolangiz...

Nihoyat, eshik orqasida qizil askarlarning miltigʻi sharaqlab, poshnalari taraqladi, qizil askarlar kirib, tik qotib turishdi, ostonada baland boʻyli, novdadek xipcha, koʻkragiga Qizil Bayroq ordeni taqilgan yoshgina yigit paydo boʻldi va eshik yonida joy egallagandan keyin, — qoʻmondon shiddat bilan kirib keldi, qoʻli bilan sochini orqaga tarab, gimnasterkasi yoqasini tuzatdi va:
— Salom, oʻrtoqlar. Yechinishga buyruq berasizlarmi? — deb soʻradi.

Shunda — professorlar stol atrofidagi kleyonka tortilgan stullarga oʻtirib, tirsaklarini stolga tiradilar, qoʻllarini chalishtirib, koʻzoynak va pensnelarini toʻgʻrilagandan keyin bemorni oʻtirishga taklif qildilar. Paket keltirgan pensneli yaltirbosh sochi qalin kishiga murojaat qildi:
— Pavel Ivanovich, siz primus inter pares sifatida, oʻylaymanki, raislik qilishga qarshilik bildirmassiz? — Yechinishim kerakmi? — soʻradi qoʻmondon va qoʻllari bilan yoqasini ushladi.

Konsilium raisi Pavel Ivanovich qoʻmondonning savolini eshitmagandek boʻlib, raislik oʻrniga oʻtirar ekan, ohista gap boshladi:
— Oʻylaymanki, bemor kasallik alomatlarini qachondan boshlab his qilganini, qanday patologik belgilar aniqlanganini bizga aytib beradi. Shundan keyin bemorni koʻrishga oʻtamiz.

... Professorlarning mazkur kengashidan keyin shifokorlarga xos tushunib boʻlmaydigan xat bilan yozilgan bir varaq qogʻoz qoldi, qogʻoz sariq, chiziqsiz edi, u pala-partish yirtib olingan, buning ustiga, sifatsiz yogʻochdan tayyorlangan va mutaxassislar, injenerlarning dalolatiga koʻra yetti yilda chirib bitadigan matoh edi.

Professor falonchi falonchi, prof. falonchi falonchi, prof. falonchi falonchi (etti marta takrorlanadi) ishtirokida oʻtgan konsilium qarori.

Bemor fuqaro Nikoloy Ivanovich Gavrilov oshqozon osti ogʻrigʻi, qusish, jigʻildon qaynashidan shikoyat qiladi. Xastalik oʻzi sezmagan holda ikki yil oldin boshlangan. Faqat ambulatoriyada davolangan va kurortlarga borgan, ammo foydasi boʻlmagan. Bemorning iltimosiga muvofiq yuqoridagi shaxslar tomonidan konsilium oʻtkazildi.

Status praesens. Bemorning umumiy ahvoli qoniqarli. Oʻpkasi — N. Yurak tomoni biroz kengaygani seziladi, tomiri tez uradi. Oz miqdorda neurastenia. Oshqozonidan boshqa a’zolarida patalogik oʻzgarishlar koʻrinmaydi. Bemorda ulcus ventriculi taxmin qilinadi va uni tez operatsiya qilish zarur.

Konsilium bemorni operatsiya qilishga professor Anatoliy Kuzmich Lozovskiyni tavsiya etadi. Prof. Pavel Ivanovich Kokosov operatsiyada yordamchi boʻlishga rozilik bildirdi.

Yil, chislo, yetti professor imzosi.

Keyinchalik, operatsiya boʻlib oʻtgandan soʻng, shaxsiy muloqotlar paytida professorlardan birontasi ham operatsiya qilish zarur deb qat’iy fikr bildirmagani, aksincha, yara jarrohlik aralashuvisiz tuzalib ketadi degan toʻxtamda boʻlgani aniqlandi — ammo bu haqda konsiliumda hech kim gapirmagan, faqat kamgap nemisgina operatsiyaga hojat yoʻqligini aytgan, hamkasblari indamagandan soʻng u soʻzini oʻtkazishga urinmagan, ayni choqda, konsiliumdan keyin Olimlar uyiga ketishayotganda koʻzlari soch chakalaklari ostida qolgan professor Kokosov avtomobilga oʻtirar ekan, professor Lozovskiyga: «— Xoʻsh, bilasizmi, sizga aytsam, agar shu kasallik ukamda boʻlganda, operatsiya qilib oʻtirmasdim» degan, bunga professor Lozovskiy: «— Ha, albatta, ammo... ammo, bu xavfsiz operatsiya...» — deb javob bergan. Avtomobil tarillab yurib ketgan. Lozovskiy paltosining barini toʻgʻrilab yaxshilab joylashib olgandan keyin shofyor eshitmasin deb shivirlab gapirgan:
— Gavrilov deganlari qoʻrqinchli odam ekan, qilt etmasdan «echinishga buyruq berasizlarmi?» deydi-ya, men ham aslida operatsiyani ortiqcha deb bilaman, — ammo, oʻrtoqlar, sizlar uni zarur hisoblasanglar, menga vaqtini va joyini aytsanglar bas, operatsiya qilinadigan joyga darhol yetib boraman». — Fikri aniq va qisqa.
— Ha-ha-ha, birodar, bilasizmi, — bolshevik, bilasizmi, nima ham qila olardik, — degan Kokosov.

Ayni shu kuni kechqurun, shu soatda, kinoda, teatrlarda, vareteda, qahvaxona va pivoxonalarda minglab odamlar gʻujgʻon oʻynagan, oʻyinqaroq avtomobillar koʻchadagi koʻlmaklarni chiroqlari bilan yoritib, yoʻl chekkalaridagi fonarlar shu’lasi gʻalati koʻrinayotgan odamlar toʻdasini qorongʻilikdan yulib olayotgan paytda, teatrlar zamon va makonni birlashtirib, greklar, ossuriyaliklar, rus va xitoy ishchilari, Amerika va SSSR respublikachilari haqida safsata sotayotgan, aktyorlar butun hunarini ishga solib tomoshabinlarni dargʻazab boʻlishga yoki gulduros qarsak chalishga majbur qilayotgan ayni shu pallada shahar ustida, koʻlmaklar, uylar tepasida mazkur shaharga keragi boʻlmagan oy koʻtarilib chiqdi: bulutlar ildam yugurib borishar, osmondagi koʻk bulutlar va qora oʻpqonlar uzra oppoq oy qoʻrqib ketgandek shoshilar, qochar, qaergadir ulgurish, qaergadir kechikmaslik uchun oshiqar edi.

Ayni shu daqiqalarda birinchi raqamli uydagi egilmas odam hamon oʻz xonasida oʻtirardi. Derazalar qalin pardalar bilan toʻsilgan, kamin yonib turar edi. Bino sukunat ichra oʻlgan, bu sukunat yuz yillardan beri davom etib kelayotgandek tuyulardi. Egilmas odam oldida nemis va ingliz tillarida yozilgan qalin kitoblar ochiq turardi, — u siyohli ruchkada rus tilida chiroyli dastxat bilan nemis lainen-Postiga yozib oʻtirardi. Oldidagi ochiq kitoblar davlat, huquq va hokimiyat haqida edi.

Xonaga shiftdan yorugʻ tushib turar va endi bu kishining basharasini koʻrish mumkin edi: u hafaqon, hatto, aytish mumkinki, bagʻritosh odamdek koʻrinar, butun diqqati bir nuqtaga yigʻilgan, toliqqanligi sezilmasdi, odam kitoblar va bloknotlarni titib uzoq oʻtirdi. Soʻng tugmachani bosgan edi, oldiga stenografistka kirdi. U oʻqib turib, yozdira boshladi. Nutqidagi asosiy urgʻu SSSR, Amerika, Angliya, yer yuzi va SSSR, ingliz sterlinglari va rus bugʻdoy pudlari, amerika ogʻir industriyasi va xitoy ishchi qoʻllariga qaratilgan edi. Odam baland ovozda, ishonch bilan gapirar, har bir jumlasi puxta, aniq boʻlib quyulib kelardi.

Shahar uzra oy kezar edi.

Ayni shu daqiqalarda qoʻmondon katta mehmonxonada Popovning hujrasida oʻtirardi, bu yerga oʻrnashgan kommunistlar oʻn sakkizinchi yildagi qoʻzgʻolon paytida bir-biriga madad berishi uchun koʻchib kelishgandi. Xona keng, yaxshi jihozlanganiga qaramay hamma mehmonxonalar kabi bu yer omonat manzil ekanligini, vaqti kelib uni tark etish lozimligini sezdirib turardi. Ular uch kishi edilar: Gavrilov, Popov va uning ikki yoshli qizchasi Natashka. Popov divanda choʻzilib yotar, Gavrilov Natashkani tizzasiga oʻtqazib oʻynatib oʻtirar edi. Gavrilov gugurt yoqdi; bolalar sirli narsalarga hayrat bilan boqishadi, ana shu holatning oʻzida ham odamni hayratga soladigan nimadir bor. Natashka lunjini shishirib, lablarini choʻzar va olovni puflab oʻchirishga urinardi, ammo dami yetmas edi. Nihoyat, gugurt yonib bitgandan keyin Natashkaning moviy koʻzlarida sirli bir hayajon, shodlik va qoʻrquv aks etar, buni koʻrgach, yana bitta gugurt choʻpini yondirib, Natashkani xursand qilmaslikning iloji yoʻq edi. Keyin Gavrilov Natashkani uxlatmoqchi boʻldi, toʻshagi yonida oʻtirib: «Sen koʻzlaringni yum, men qoʻshiq aytib beraman», — dedi va kuylashga tushdi, u durust kuylay olmas, qoʻshiqni ham shu zahoti oʻzi toʻqib chiqargandi:

Echki kelib kuyladi:
«Uxla qoʻzim uxla, uxla», —

soʻng jilmayib, Natashkaga va Popovga ayyorona qarab qoʻydi, miyasiga toʻsatdan kelib qolgan va «uxla, uxla, uxla, uxla» soʻzlariga ohangdosh misralar topib, kelishmagan ovozda yana kuyladi:

Echki kelib kuyladi:
«Uxla, qoʻzim, uxla,uxla, uxla...
Ammo siyib qoʻymagin tagʻin...

Natashka koʻzini ochib jilmaydi, Gavrilov esa soʻnggi ikki misrani kelishmagan (aslida nihoyatda yomon) ovozda Natashka uxlab qolguncha kuyladi.

Keyin Gavrilov bilan Popov ikkalasi choy ichishdi. Popov oq emal bilan «oʻrtoq Popovga Oktyabr Inqilobining 5 yilligi sharafiga Lisev zavodining ishchilaridan sovgʻa» deb yozilgan qizil choynakni koʻtarib borib oshxonadagi kubdan qaynoq suv quyib keldi. Gazeta ustiga stakanlar, tarelkada yogʻ va pishloq qoʻydi, bir xaltachada qant, boshqasida non bor edi. Popov: «Nikolka, yorma boʻtqa pishirib beraymi?» — deb soʻradi.

Bir-biriga qarama-qarshi oʻtirishdi, past ovozda ohista gaplashishdi, shoshiladigan joyi yoʻq edi, choyni koʻp ichishdi, Gavrilov gimnastyorkasining yoqasini yechib qoʻyib taxsimchada ichdi. Har xil mayda-chuydalar haqida gaplashib oʻtirishdi. Ikkinchi stakan ichilgandan keyin Popov yarimlab qolgan idishni surib qoʻydi va ancha jim turgandan keyin dardini aytdi:
— Nikolka, meni Zoyam ketib qoldi, qizaloqni qoʻlimga tutqazib, qandaydir bir injenernikiga ketdi, kim bilsin, ilgaridan don olishib yurganmi? Uni qoralab, yomon soʻzlar bilan haqorat qilib oʻtirmayman, ammo xayr-xoʻshlamay, uzr soʻramay, qanjiq itdek qochib ketganini aytmasam boʻlmaydi. Meni hech qachon sevmagan edi deyishgayam tilim bormaydi, imtiyozlardan rosa foydalanib, baribir shoyi paypoqlar, atr-upalar, pudralarga uchib qochib ketdi. Alam qilar ekan, uni frontda sassiq oʻradan chiqarib olib, avaylab asradim, parvarishladim, sevdim, tentak boʻlib, bagʻrimda ushlab yurgan ekanman, u esa oqsuyak ekan, begonaga ilakishib, besh yil mehribonlik koʻrsatgan odamga tupurib ketdi...

Popov bu mojaroga doir mayda-chuydalarni, aynan mayda-chuyda boʻlganligi uchun dilni gʻash qiladigan tafsilotlarni batafsil soʻzlab berdi. Gap bolalarga borib taqalganda Gavrilov qarib qolgan va oʻzi uchun dunyoda yagona boʻlgan xotinini tilga oldi. Natasha haqida koʻp gaplashishdi, ayniqsa hozir, Popov uni tuvakka oʻtkazishni ham, alla aytib uxlatishni ham bilmaydigan paytda nima qilish lozimligi haqida maslahatlashishdi. Popov unga Vodovozov, Montessori, Pinkevichlarning kitoblarini koʻrsatdi va qoʻllarini keng yozdi. Butun suhbat davomida sovib qolgan choyni ichishdi.

Oy shahar ustidan shoshilib borardi. Shahar koʻchalari boʻshab, tungi hordiq olayotgan, qishloqlarda xoʻrozlar chaqirayotgan, odamlar kechki taomni hazm qilib, kunduzi bajarilgan ishlarning hisob-kitobini tamomlab, erlar, xotinlar, oshiqlar, ma’shuqalar toʻshakda orom ogʻushiga choʻmgan pallada Gavrilov Popovnikidan chiqdi.
— Menga oʻqish uchun biron narsa berib tur, faqat bilasanmi, sodda boʻlsin, yaxshi kishilar, ishqiy sarguzashtlar, oddiy munosabatlar, oddiy hayot, quyosh haqida, odamlar va oddiy insoniy sevinchlar haqida boʻlsin.

Bunday kitoblar Popovda topilmadi.
— Mana senga inqilobiy kitoblar, — dedi hazillashib Gavrilov. — Xoʻp, mayli, men yana bir marta Tolstoyni oʻqiyman. Bal paytidagi eski qoʻlqop haqida juda qotirib yozgan. — Gavrilovning yuzi qoraydi, jim qoldi, soʻng ohista davom etdi: — Men senga, Alyosha, vaqtni behuda sarflamaylik deb aytishni xohlamagan edim. Bugun men boshliqlar va kasalxonadagi professorlar oldida boʻldim. Professorlarning aqliga tasanno. Ammo tilib tashlashlarini xohlamayman, butun vujudim bunga qarshi. Ertaga pichoq ostida yotishim kerak. Sen kasalxonaga kel, eski davrlarimizni unutma. Bolalarim va xotinimga xabar berma. Alvido! — Gavrilov Popovga qoʻl uzatmay, xonadan chiqdi.

Mehmonxona oldida usti yopiq mashina turar edi. Gavrilov oʻtirib, buyurdi: — «Uyga, vagonga!» — va mashina tor koʻchalar boʻylab gʻizillab ketdi. Oy kichkina soʻqmoqlardan oʻtib, katta yoʻlga tushdi; yoʻlni kesib oʻtgan it akillab, qora sukunat bagʻrida gʻoyib boʻldi. Vagon zinasidagi soqchi qoʻmondon oʻtayotganda tik qotdi. Yoʻlakda yordamchi paydo boʻldi, vagon xizmatchisi boshini chiqarib qaradi, — vagonda elektr chirogʻi yondi, — va vagon chekka oʻlkalarda boʻladigan teran sukunat qa’riga choʻmdi. Qoʻmondon yotoq kupega oʻtdi, etigini yechib, tungi shippak kiydi, gimnastyorkasi yoqasini yechdi, — «choy» deb buyurdi. Salonga oʻtib, stol chirogʻi qarshisiga oʻtirdi, xizmatchi choy keltirdi, ammo qoʻmondon unga qoʻl tekkizmadi; qoʻmondon «Bolalik va oʻsmirlik»ni uzoq oʻqib oʻtirdi, xayol surdi. Oʻrnidan turib yotoqqa kirdi va katta yon daftar koʻtarib chiqdi, soqchiga: «siyoh keltiring», deb buyurdi, keyin shoshilmasdan, har bir jumlani puxta oʻylab, yozishga kirishdi. Birinchi xatni yozib tugatdi, oʻqib koʻrdi, oʻylab qoldi, konvertni yelimladi. Ikkinchi xatni yozdi, oʻylab turdi, yelimladi. Uchinchi xatni ham yozdi, negadir shoshilib, juda qisqa yozdi, oʻqimasdan yelimladi. Vagonda tilsiz sukunat. Zinada soqchi qotib qolgan. Yoʻlakda yordamchi va xizmatchi tik turadi. Hatto vaqt ham qotib qolgandek. Oq jildlarga solinib, manzillari yozilgan maktublar qoʻmondon oldida uzoq yotdi. Nihoyat u har uchala xatni katta paketga solib yelimladi va paket ustiga «Oʻlimimdan soʻng ochilsin» deb yozib qoʻydi. Shaxt bilan oʻrnidan turib, yotoqqa oʻtdi, gimnastyorkasini yechib, uyqudan oldingi yuvinishga kirishdi, yechindi, yotib, chiroqni oʻchirdi. Vagon uch-toʻrt soatgacha zulmat va sukunat qoʻynida qoldi. Sahar yaqinlashib kelardi. Agar shu paytlarda xizmatchi yotoqqa moʻralab qaraganda, xayratdan lol qolgan boʻlardi, bunga sabab: qoʻmondon bosh qoʻyib yotadigan joyda papiros lahcha choʻgʻ boʻlib, qizarib turardi, bu oʻrinda xayratlanadigan narsa shuki, odatda, qoʻmondon mutlaqo chekmas edi.

Qoʻngʻiroq qattiq jiringladi, xizmatchi yugurib kirdi. Qoʻmondon sarkardalarga xos amr qildi:
— Kiyinamiz. Issiq shinel. Garajga qoʻngʻiroq qiling, — poyga mashinasi, usti ochiq, ikki kishilik, — Oʻzim haydayman. Sovetlar uyiga bogʻlaning, Popovning xonasiga.

Telefonga kelgan Popovga qoʻmondon shunday dedi:
— Aleksey. Hozir oldingga boraman. Eshik oldiga chiqib tur. Gavrilov gapirayapti. Kechikma.

Yuz ot kuchiga ega ikki kishilik poygachi mashina yelpigʻichday yozilib, shiddat bilan ikkinchi tezlikda joyidan qoʻzgʻaldi, keskin burilib, oq nur dastasini bosib oʻtdi, — shofyor chekkaga qochib qoldi, — qoʻmondonning oʻzi rulda edi, — signal berdi va mashina koʻlmaklarni sachratib, tor koʻchalardan, doʻkonlar va tashkilotlarning lavhalari yonida shamoldek uchib, kengliklar sari intildi. Popov karaxt ahvolda mudrab turardi. Gʻildirak rezinasi yaxshigina yirtilgan mashina tezlikni pasaytirib, Sovetlar Uyi oldida toʻxtadi. Popov indamasdan oʻtirdi. Mashina koʻchalarni, sersuv koʻlmaklarni, fonar chiroqlarini ortda qoldirib yela boshladi. Havo ogʻirlashib bordi, u shamolga aylanib mashinaga urilar, hushtak chalar, muzdek sovib, tikandek sanchilar, — chorrahalardagi fonarlar chiroqlarini silkitib qolar, qarshidan birin-ketin militsionerlar yugurib chiqar va hushtagini chalgancha orqada qolib ketishardi. Mashina uylar va koʻchalar girdobidan chiqib, bor kuchi bilan olgʻa intilardi, dastlab tashlandiq boʻlib yotgan kengliklar, tramvay yoʻllarida uchraydigan siyrak doʻkonlar, soʻng zulmat bosgan qora dalalar ortda qola boshladi. Mashina eng katta tezlikda uchib borardi. Shamol va havo aqldan ozgandek tashlanib, badanni kesar, nafasni boʻgʻar edi. Mashina ostidagi yoʻl silliq oq roʻmolga oʻxshab qoldi, oʻydim-choʻnqirlar, unda-bunda duch keladigan tosh uyumlari mutlaqo sezilmas, faqat yoʻlda katta chuqurchalar chiqib qolganda mashina bir necha sajen yerga koʻtarilib borar, shunda gʻildiraklar ostidan uchib chiqayotgan qum-shagʻal shovqini bosilgandek boʻlardi. Bir, ikki, uch marta mashina chiroqlari qishloq uylaridagi devorlarga tiralib oʻtdi, qoʻy qamalgan qoʻtonlar va itlar hurib chopgan qishloqlar bir chekkada qolib ketdi. Ikki tepalik orasidagi jarlikda mashina chiroqlari kulrang pahmoq kuz tumaniga oʻralib qoldi, shunda tumanning uchishi, shiddat bilan harakatlanib chiyillashi, izgʻirin boʻlib uvillashi, qor boʻroni singari yuzga sanchilishi mumkinligini payqashdi. Gavrilov rulga egilib oʻtirganicha butun diqqat-e’tiborini faqat olgʻa, oldinga qaratgan, har bir xatti-harakatini aniq hisobga olgan holda mashinani tez, chaqqon boshqarib borardi. Popov allaqachon mashina tubida tutqichni changallab, bukilib, hech qayoqqa qaramay qaltirab oʻtirar edi. Mashina shu alfozda bir soatga yaqin vaqt ichida yuz chaqirim yoʻl bosdi. Qandaydir koʻhna oʻrmonzor oldiga yetganda mashina tezligini kamaytirib borib, madorsizlanib, tinchib qoldi va shamollar, sovuq qiyalab yogʻayotgan kuz yomgʻirini oʻz holiga qoldirib birdan toʻxtadi. Popov oʻrindiqqa qayta joylashdi.
— Papirosingdan ber, Alyoshka, — dedi Gavrilov.

Popov zoʻrgʻa gapirdi:
— Bunday hunarlarni nima keragi bor, butun ichak-chavogʻim uzilib tushgandek boʻldi. — Ma, chekib ol, shayton yoʻldan urdimi?

Gavrilov chekdi, oʻzini suyanchiqqa tashlab tin olar ekan, xayolchanlik bilan dedi:
— Juda toliqqan paytimda, aqlim va xayollarim oʻzimga boʻysunmay qolganda mashinani olaman-da, mana shunday uchaman. Bunday uchish meni va xayollarimni tartibga soladi. Mana shu uchish paytida boʻlib oʻtgan gap-soʻzlarni, iboralarni, hatto tovush ohangini, chekib tashlangan papiros rangini ham ikir-chikirlarigacha eslay olaman. Xotiram yaxshi emas, jang-jadal paytidagi eng mas’uliyatli voqealar ham yodimda qolmaydi, buni keyinchalik menga gapirib berishadi. Ammo mana bunday uchish daqiqalarini yaxshi eslab yuraman. Hozir mashinani telbalarcha haydadim, toʻqson toʻqqiz foiz majaqlanib ketishimiz mumkin edi, ammo mening har bir harakatim aniq hisob-kitobli, shuning uchun bu sodir boʻlmadi. Men tushunib boʻlmaydigan aniqlik kayfiyati bilan mastman. Rostini aytsam, majaqlanib ketganimizda, menga yaxshi boʻlardi. Qani, gaplashaylik endi.

Gavrilov qoldiqni chaqqonlik bilan uloqtirib yubordi, oʻrindiqqa suyanib oʻrnashdi, xayolga toldi, chamasi — Oʻz-oʻzini tinglab, magʻrurligi bilan faxrlanib oʻtirar edi.
— Sirasini aytganda, indamay qoʻyaqol, hali biz koʻp gaplashamiz. Oʻtir! Endi qaytamiz. Bunday uchish, bunday shiddat menga yoqadi. Mana shunday yuksak kayfiyat uchun yashasang, shunga intilib umr oʻtkazsang arziydi. Umr yoʻlimizning oʻzi bir-birimizga hayotimiz haqida gapirib beradi. Oʻtir! Ba’zan jim oʻtirishga toʻgʻri keladi! — dedi Gavrilov gʻurur bilan.

Mashina shovqini yana olamni tutdi — u qaytishda ham shamolni, vaqtni, tumanlarni, qishloqlarni orqada qoldirib, tumanlarni va vaqtni raqsga tushishga, qichqirishga, qochishga, Popovni yana tiz choʻkib, egilib, duch kelgan joyni changallab ushlagancha ichak-chavogʻini avaylashga majbur qilib uchib keta boshladi.

Shahar chekkasidagi tepalikdan oʻtayotganda — pastlikda tuman bosgan, loyqa chiroqlari xira shu’la sochib turgan, shovqin-suron ichida tinimsiz guvillayotgan — nihoyatda baxtsiz qiyofadagi shaharni bir necha daqiqa koʻrish mumkin edi.

Boʻzargan tong otib, zavod gudoklari shahar boʻylab tarala boshlagan paytda mashina harbiy qismga yetib keldi.

Uchinchi bob - Gavrilovning oʻlimi

Birinchi qor, yerni kuzdan chiqarib, qishga uzatadigan, kuzgi pilchillagan loygarchilik, tuman, izgʻirin, toʻkilgan xazonlar va koʻchalardagi axlatlar orasiga chegara tortadigan, har doim tunda yogʻadigan birinchi qor kecha yogʻib oʻtdi — va qishning birinchi shaxdam qadamli oppoq kunida shovqin-suronlar gum boʻlib, sokinlik damlari — odamlar qayishni mahkam bogʻlab, keyingi ishlar haqida shoshilmay oʻy suradigan vaqtlar boshlandi.

Birinchi qor Gavrilov oʻlgan kunga toʻgʻri keldi. Oq sukunat qoʻyniga choʻmgan shahar oq rangga belanib, tinchib qoldi, shaharga qor bilan kirib kelgan chittaklar daraxt shoxlari va derazalar oldidagi qorlarni toʻzgʻitib chirqillashadi.

Professor Pavel Ivanovich Kokosov har doim soat yettida oʻrnidan turardi, operatsiya boʻladigan kuni ham shu vaqtda uygʻondi. Professor adyoldan boshini chiqarib yoʻtaldi va jun bosgan qoʻlini stolga uzatib, odatdagidek paypaslab koʻzoynagini topdi, uni burni ustiga qoʻndirib, sochlarini toʻgʻriladi. Deraza orqasidagi qayin ustida qor titkilayotgan chittak koʻrindi. Professor xalat kiydi, oyogʻiga xonaki tuflisini ilib, vannaga yoʻl oldi. Professor Kokosovning xonadonidagi pastak shift hozir urf boʻlmay qolgan edi, bu uyida professor kam deganda yigirma yildan beri yashab kelardi, har holda yigirma yillik toʻy oldidan boʻsh vaqtlarni ana shu shiftdagi hamma sargʻaygan pardalar, iligʻlik suratlar, charm muqovali kitoblardagi changni hafsala bilan artib, tozalab chiqishga sarflash lozim... Professor uygʻonganda xona jimjit edi, u pishqirib vannadan chiqqan paytda xotini Yekaterina Pavlovna choy qoshiqni sharaqlatib, professor uchun choyga qant aralashtirmoqda edi, oshxonada samovar pishillab qaynab turardi. Professor xalat va tuflida choyga oʻtirdi.
— Xayrli tong, Pavel Ivanovich, — dedi xotini.
— Xayrli tong, Yekaterina Pavlovna, — dedi eri.

Professor xotinining qoʻlini oʻpib, qarshisiga oʻtirdi, koʻzoynagini sochi ustidan yaxshilab joylashtirdi, shunda koʻzoynak orqasidan poplarnikiga oʻxshab ketadigan, ham samimiy, ham mugʻambir, ham sodda, ham aqlli kichkina koʻzlari koʻrindi. Professor choyni shoshilmasdan ichib, nimanidir aytishga chogʻlandi. Ammo odatdagi ertalabki choy ichish jarayoniga telefon xalaqit berdi. Telefon bemavrid jiringlagan edi. Professor telefon jiringlayotgan xona eshigiga keskin nazar soldi, taajjub bilan yoshi oʻtinqirab, toʻlishib qolgan, yapon kimonosi kiygan xotiniga qaradi, — Oʻrnidan turib, yanada taajjublangan holda telefonga qarab yoʻnaldi. Professor qartaygan doʻrilloq ovozda telefonga gapirdi:
— Xoʻsh, xoʻsh, men sizni eshitaman. Kim qoʻngʻiroq qilayapti va nima ishingiz bor?

Telefondagilar shtabdan gapiryapmiz deb aytishdi, shtabdagilarga operatsiya toʻqqiz yarimda boshlanishi ma’lum, shtabdagilar soʻrashyaptiki, biron yordam kerak emasmi, professor uchun avtomobil joʻnatsakmikin deyishyapti. — Shunda professorning birdan jahli chiqdi, pishillab, trubkaga toʻngʻilladi:
— ... Men, bilasizmi, ayrim odamlarga emas, jamiyatga xizmat qilaman, ha, ha, ha, bilasizmi, birodar, — klinikaga ham tramvayda boraman, bi-birodar. Men oʻz burchimni, kechirasiz, vijdonan bajaraman. Bugun ham tramvayda bormasligim uchun sabab yoʻq deb hisoblayman.

Professor gapni boʻlib, trubkani taraqlatib joyiga qoʻydi. Toʻrsayib, pixillab stolga, xotini yoniga, qaytib keldi. Toʻngʻillab, moʻylovini siladi va tezda tinchlandi. Yana koʻzoynak orqasidan muloyim, aqlli koʻzlari koʻrindi. Professor sekin gapirardi:
— Drakini Luji qishlogʻidagi mujik Ivan kasal boʻlib qolgan, uch hafta pech ustida inqillab yotadi, qarindosh-urugʻi bilan maslahatlashib, zemstvo kasalxonasidagi doktor Petr Ivanovichga boradi. Petr Ivanovich Ivanni oʻn besh yildan beri biladi, Ivan ham Petr Ivanovichga ana shu oʻn besh yil ichida oʻn beshtacha tovuq olib borgan, Petr Ivanovichning hamma bolasini taniydi, hatto jahli chiqib bir oʻgʻlining qulogʻini choʻzib ham qoʻygan. Ivan Petr Ivanovichga tovuq bilan ta’zim qiladi. Petr Ivanovich uni koʻradi, eshitadi va zarur boʻlsa, shoshilmasdan, xotirjam, ishni koʻzini bilib, operatsiya qiladi, sirasini aytganda, mendan yomon qilmaydi. Operatsiya yaxshi chiqmasa, Ivan oʻlib ketadi, xoch tiklab qoʻyishadi, vassalom... Yoki mening oldimga anovi Anatoliy Yurevich Svinitskiy keladi. Boshidan nima oʻtgan boʻlsa hammasini aytadi. Men uni koʻraman, yetti martalab qayta koʻraman, uni tekshiraman va xulosamni aytaman: — Boravering, birodar... Agar menga «operatsiya qiling» desa — qilaman, oʻzi xohlamasa, hech qachon zoʻrlamayman.

Professor jim qoldi.
— Konsiliumlardan yomon narsa yoʻq, Yekaterina Pavlovna. Men Anatoliy Kuzmichni xafa qilgim kelmaydi. Anatoliy Kuzmich meni xafa qilishni xohlamaydi. Bir-birimizga xushomad qilamiz, bir-birimizga ilmimizni koʻrsatmoqchi boʻlamiz, bemor boʻlsa, karaxt, xuddi bolsheviklarning namunali koʻrgazmasidek, muzikali tomosha, hech kim kasalni durustroq bilmaydi, — «koʻryapsizmi, Anatoliy Kuzmich, koʻryapsizmi, gerr Shiman...»

Professor jim qoldi.
— Bugun men oʻz kasalxonamda bolshevik, qoʻmondon Gavrilovning operatsiyasida yordamchi boʻlaman.
— U, anovimi, — dedi Yekaterina Pavlovna, — haligi... bolsheviklarning gazetasida... dahshatli ism! — Nega siz operatsiya qilmaysiz, Pavel Ivanovich?
— Ha, hech qanday vahimali joyi yoʻq, albatta, — javob berdi professor. — Lozovskiy qilsa nima boʻpti, hozir yoshlarning davri kelgan, ular oʻzlarini koʻrsatishlari kerak. Umuman olganda, oxir-oqibatda, ana shu konsiliumlardan keyin ham bemorni hech kim yaxshi bilmaydi, garchi barcha ulugʻlarimiz uni paypaslab, nurga solib, eshitib koʻrishganiga qaramay. Eng muhimi, odamni bilishmaydi, odam emas, formula bilan qiziqishadi, — birinchi sonli falonchi general deb har kuni gazetaga yozishib, odamlarda qoʻrquv uygʻotishadi. Operatsiyani qandaydir boshqacha oʻtkazishga urinib koʻr-chi, butun Yevropaga jar solib, onangni koʻrsatishadi.

Professorni yana jahli qoʻzidi, pishilladi, pishqirdi, stoldan turib oshxona eshigiga qarab qichqirdi: «Masha, etik!» va kiyinish uchun xonasiga ketdi. Qoshlarini, soqolini, moʻylovini, sochini taradi, burma kamzul, samovardek yaltillatib tozalangan etik kiydi, choʻntagiga toza dastroʻmol soldi va izvosh keldimi deb derazadan qaradi, izvosh eshik oldida turar, yigirma yildan beri professor Kokosov oshxonasida yashayotgan kucher Ivan oʻrindiqdagi qorni tozalamoqda edi.

Professor Anatoliy Kuzmich Lozovskiy yashaydigan uy Kokosovning xonadoniga oʻxshamas edi. Agar Kokosovning xonadoni oʻtgan asrning oxiri va boshlaridagi rus shaharlariga xos boʻlsa, Lozovskiyning uyi ming toʻqqiz yuz yettinchi yildan toʻqqiz yuz oʻn oltinchi yilgacha urf boʻlgan an’analarni oʻzida mujassamlantirgandi. Bu yerda ogʻir pardalar, katta divan, dubdan yasalgan stolga shamdon oʻrniga qoʻyilgan yalangʻoch bronza ayol haykalchalari, devorlarga asl gilamlar, ular ustiga ilingan «San’at olami» koʻrgazmasidan olingan ikkinchi navli suratlar bor edi. Lozovskiy divanda yolgʻiz oʻzi emas, yosh, chiroyli xotini bilan uxlardi; oxorlangan bezakli koʻylagi polga tushalgan gilam ustida yotardi. Lozovskiy uygʻonib, xotinining yelkasidan sekin oʻpdi va bardam turib, parda bogʻichini tortdi. Ogʻir surp parda burchakka surilib, xonaga kunduzgi yorugʻlik kirdi. Hayotdan oʻzicha lazzat olishga oʻrgangan Lozovskiy koʻchaga, qorga, osmonga shodon boqdi, boʻydoq kishilar singari xonaga qaradi va pijama kiydi, oyogʻiga laklangan xonaki tufli ilib, yuvinishga borishdan oldin xonani yigʻishtirishga kirishdi — stolni tozaladi, yarim ichilgan qizil sharobni kitob javonining pastki tokchasiga qoʻydi, kuldon, siyohni, yon daftarcha, kitoblarni oldi. Elektr choynak simini tokka uladi, choynakka kofe soldi, xotini bemalol uxlardi, bu ayol sevish, sadoqatli yoriga oʻzini baxshida etishni baxt deb biladigan xotinlar toifasidan ekanligi koʻrinib turardi. U uygʻondi, koʻzlarini ishqalab:
— Azizim, — deya xushnudlik bilan koʻzini ochdi, charogʻon qish kunini, daraxtlarga ingan qorni koʻrib, oʻrnidan qoʻzgʻalar ekan, qoʻllarini ibodat qilayotgandek qovushtirib shodon qichqirdi: — Azizim, birinchi qor, qish, azizim...

Professor uzun, oppoq qoʻlini xotinining yelkasiga qoʻydi, boshini oʻziga tortib:
— Ha, ha, qish, bahorim, marvaridgulim, — dedi.

Shu payt telefon jiringladi. Professorning telefoni divan tepasiga — gilam ustiga osilgan edi. Professor dastakni olib, «ha, ha, sizni eshityapmiz» dedi. Shtabdan qoʻngʻiroq qilishgan ekan, professorga avtomobil yuboraylikmi deb soʻrashdi.

Professor javob berdi:
— Ha, ha, marhamat! Operatsiyadan aslo tashvishlanmanglar. U a’lo darajada oʻtadi, bunga ishonchim komil. Mashina masalasida, operatsiyadan oldin ba’zi ishlarim bor edi. Ha, ha, marhamat, soat sakkizga.

Professor xursand boʻlib trubkani ilib qoʻydi va xotiniga gʻurur bilan:
— Marvaridgulim, kiyin, menga mashina yuborishadi, seni sayr qildirib, uyga keltirib qoʻyaman. Tez boʻl! — U xotinini quchoqlab, yelkasiga boshini qoʻydi. Oʻta baxtiyor odamlargina odatda oʻzlarini shunday tutadilar.

Vaqt chorak kam sakkiz edi. Baxtiyor er-xotin shosha-pisha kiyinishdi. Professor kiyinar ekan, xitoy piyolasiga qahva quydi. Xotini tabassum qilib, oxorlangan koʻylagiga ilma tugma qadab qoʻydi. Uydan chiqish oldidan professor tantanavor qiyofada, ammo biroz salobat bosgan holda, yuqorida aytilgan oʻttiz-qirqta telefon tarmogʻiga ega boʻlgan telefon tizimiga ulanib, surishtira-surishtira birinchi sonli uydagi xonaga bogʻlandi, u izzat-hurmatini joyiga qoʻyib, boshqa yangi topshiriqlar bormi, deb soʻradi, telefon trubkasidagi shiddatli ovoz operatsiya tamom boʻlishi bilanoq ma’lumotnoma yozib kelishni buyurdi. Professor: «Juda yaxshi, bajaramiz», — dedi va trubkaga ta’zim qilib, bir muddat egilib turdi. Darvoza oldida mashina dudutladi.

Operatsiya kuni, ertalab, operatsiyaga qadar Gavrilovning oldiga Popov keldi. Hali tong otmagan, chiroqlar oʻchirilmagan edi, ammo gaplashishga ulgurishmadi, hamshira oxirgi marta huqna qilish uchun Gavrilovni vannaga yetaklab ketdi. Gavrilov vannaga borayotib shunday dedi:
— Oʻqib qoʻy, Alyosha, Tolstoy «Oʻsmirlik»da kom-il-fo va kom-il-fo emas deb yozgan. Qariya qonni yaxshi his qilgan! — Bu Gavrilovning oʻlim oldidan Popovga aytdi soʻnggi soʻzi edi.

Popov ayoz shitirlab turgan tonggi sukunat ichida uyiga qaytar ekan, katta koʻchani qoʻyib, kichik tor koʻcha orqali jar yoqasiga chiqdi — narida, daryo orqasidagi qor bosgan kenglikda — ufq ortida, koʻkish tuman qa’rida oy oʻlib bormoqda, sharq esa qizargan, qon qusgan, sovuq edi. Popov shaharga dala orqali oʻtib borish uchun daryo yoqasiga tushdi — sharq shafaq ichida yonar edi. Gavrilov shu choqda oyna orqasidan daryo qirgʻogʻiga qarab turardi — u Popovni koʻrdimikin? Kasalxona xalatida, vannadagi oyna oldida orexovo-zuevolik toʻquvchi, nomi urushda afsonaga aylanib ketgan, minglab, oʻn minglab, yuz minglab kishilarga rahnamolik qilgan, minglab, oʻn minglab, yuz minglab kishilarning oʻlimiga, mayib-majruhligiga, azob-uqubatlariga, sovuq, ocharchilik, safar izgʻirinlari, jaziramalariga, toʻplar gumburlashiga, oʻqlar hushtagiga va tungi shamollarga, gulxanlarga, hujumlarga, gʻalabalarga, magʻlubiyat, qochish va yana minglab oʻlimlarga koʻnikib ketgan odam turardi. Vanna derazasi oldida qoʻlini orqasiga qilib osmonga tikilib, harakatsiz turgan bu odam qoʻlini oldinga choʻzib terlagan deraza oynasiga «oʻlim, huqna, kom-il-fo emas» deb yozdi va yechina boshladi.

Operatsiya oldidan jarrohlik xonasi va Gavrilovning boʻlmasi orasidagi yoʻlak shivirlashib gaplashayotgan, shovqin chiqarmay u yoqdan-bu yoqqa pitir-pitir yurayotgan odamlar bilan toʻldi. Kechqurun Gavrilovning qorniga shirani soʻrib oladigan va oshqozonni yuvadigan uchi egik kulrang kauchuk naycha tushirishdi, koʻngil aynitishi va ruhiyatga ta’sir etishidan tashqari, bu gʻalati asbob unga odamning izzat-nafsini tahqirlovchi narsa boʻlib tuyuldi. Ertalab operatsiyadan oldin soʻnggi huqna qilishdi. Gavrilov jarrohlik xonasiga kasalxona xalati, dagʻal matoli ishton va koʻylakda (tugma oʻrniga bogʻich tikilgan), yalang oyogʻiga kasalxona raqami yozilgan tufli kiygan holda kirdi (ohorlangan ich kiyimlari ertalab oxirgi marta almashtirilgandi), rangi oʻchgan, ozib qolgan, toliqqan edi. Xona dahlizida spirt solingan ruhli uzun qutichalar shaqillab qaynar, oq xalatli kishilar jim turishardi. Jarrohlik xonasi juda keng boʻlib, poli, devorlari, shifti boshdan-oyoq oq moy boʻyoq bilan boʻyalgan edi. Xona nihoyatda yorugʻ, bir tomoni yaxlit oynadan iborat boʻlib — u daryo tomonga qaragan. Xona oʻrtasida choʻzinchoq oppoq jarrohlik stoli. Bu yerda Gavrilovni Kokosov bilan Lozovskiy kutib olishdi. Kokosov ham, Lozovskiy ham oq xalatda, boshlarida oshpazlarnikiga oʻxshagan oppoq qalpoq, Kokosov hatto soqolini ham oq mato bilan oʻrab olgan, faqat kiprigi qalin koʻzlarigina ochiq edi. Devor boʻylab oq xalat kiygan kishilar turishardi. Gavrilov hamshira hamrohligida xonaga kirdi. Professorlarga indamasdan itoatkorona ta’zim qilib, stol oldiga keldi, qoʻllarini orqaga qoʻyib oynadan daryo tomonga tikildi. Ikkinchi hamshira ruhlangan uzun qutichada sterilizatsiya qilingan jarrohlik asboblarini olib keldi.

Lozovskiy Kokosovdan shivirlab soʻradi:
— Boshlayveramizmi, Pavel Ivanovich?
— Ha, ha, bilasizmi, — javob berdi Kokosov.

Professorlar qoʻllarini qayta-qayta yuvib, oq simob kukuniga ishqalab, yod surkadilar. Xloroformator niqobini koʻzdan kechirib, pufagini ushlab koʻrdi.
— Oʻrtoq Gavrilov, boshlaymiz, — dedi Lozovskiy. — Qani, marhamat qilib stolga yoting. Tuflini yeching.

Gavrilov xijolat boʻlgandek, hamshiraga qarab, koʻylagini yechdi, u esa Gavrilovga oddiy buyumga qaragandek boqib, yosh bolaga jilmaygandek kulimsiradi. Gavrilov stolga oʻtirib, oldin bir, keyin ikkinchi tuflisini yechdi va chaqqonlik bilan yotdi, boshidagi yostiqni toʻgʻrilab, koʻzini yumdi. Shunda hamshira odatiy chaqqonligi bilan oyoqlarini qayishga bogʻlab, uni stolga mahkamlab qoʻydi. Xloroformator koʻzini sochiq bilan bekitdi, ogʻiz va burniga vazelin surkadi, yuziga niqob kiygizib, qoʻlidan tutib koʻtardi, tomirini ushladi va niqobga xloroform sepdi, xonani xloroformning tishni qamashtiradigan shirin hidi tutdi. Xloroformator operatsiyani boshlash muddatini aniqladi. Professorlar indamay oyna oldiga borib turishdi. Hamshira sterilizatsiya qilingan skalpel, salfetkalar, har xil qisqichlar, pintsetlar, ninalar, shoyi parchalari singari narsalarni chiqarib, sterilizatsiyalangan doka ustiga terib qoʻya boshladi. Xloroformator yana xloroform quydi. Xonani sukunat bosdi. Shunda bemor boshini qimirlatib ingradi.
— Nafas ololmayapman, bogʻichni yeching, — dedi Gavrilov tishlarini taqillatib.
— Marhamat, bir oz sabr qiling, — javob berdi xloroformator.

Bir necha minutdan keyin bemor ham gapirib, ham kuylay boshladi:
— Muz eridi, Volga ochildi, oltinim mening, oltinim, men, qizaloq, seni sevib qoldim, — kuylar edi qoʻmondon, soʻng shivirladi: — sen uxla, uxla, uxla. — Jim turgach, keskin: — Klyukva kiselini boshqa bermang, hech qachon, jonimga tegdi, bu kom-il-fo emas. — Jim qoldi, soʻng jang paytidagidek qat’iyat bilan baqirdi: — Chekinishga yoʻl yoʻq! Bir qadam ham! Otib tashlayman... Alyosha, ogʻaynim, barcha tezliklar ochiq, hatto yer koʻrinmaydi. Men hammasini eslayman. Ana shunda inqilob nima, u qanday kuch ekanini anglayman. Menga oʻlim qoʻrqinchli emas. — Soʻng yana kuylashga oʻtdi. — Ural orqasida yashar duradgor, oltinim mening, oltinim...
— Oʻzingizni qanday his qilyapsiz? Uxlay olmayapsizmi? — Gavrilovdan sekin soʻradi xloroformator.

Gavrilov ham odatdagi tovushda, ammo sekin, mugʻombirona javob berdi:
— Yomon emas, nafas ololmayapman.
— Yana bir oz sabr qiling, — dedi xloroformator va xloroform quydi.

Kokosov tashvishlanib soatiga qaradi, kasallik tarixi ustiga egilib, qayta oʻqidi. Har xil narkotiklarni qabul qila olmaydigan organizmlar koʻp boʻladi, — Gavrilovni yigirma yetti minutdan beri uxlatisholmayapti. Kokosov kichik assistentini chaqirib, koʻzoynagimni toʻgʻrilab qoʻy degandek yuzini tutdi. Xloroformator xavotir ichida Lozovskiyga pichirladi:
— Balki xloroformni qoʻyib, efirga oʻtsakmikin?

Lozovskiy javob berdi:
— Xloroform bilan yana bir marta urinib koʻraylik. Aks holda operatsiyani qoldirishga toʻgʻri keladi. Noqulay.

Kokosov atrofiga jiddiy qarab, tashvishli koʻzlarini yerga qadadi. Xloroformator xloroform quydi. Professorlar jim turishardi. — Qirq sakkizinchi daqiqaga borganda Gavrilov batamom uyquga ketdi. Shunda professorlar oxirgi marta qoʻllariga spirt surdilar. Hamshira Gavrilovning qornini yalangʻochladi, oriq qobirgʻalar va ozoda qorin koʻzga tashlandi. Professor Kokosov operatsiya qilinadigan maydon — oshqozon osti oʻrnini keng-moʻl qilib moylab, spirt, benzin va yod surtib chiqdi. Hamshira Gavrilovning oyogʻi va boshini oʻrab qoʻyish uchun choyshab uzatdi. Hamshira professor Lozovskiyning qoʻliga yarim banka yod quydi. Lozovskiy skalpelni olib, teri ustida yurgizdi. Qon sachradi, kesilgan teri bir tomonga surildi; teri ostidan sargʻaygan, qavat-qavat boʻlib ketgan et, qon tomirlari va yogʻ pardasi koʻrindi. Lozovskiy odam etini yana chuqurroq kesib, yaltillab, oqarib turgan binafsharang qatlam — muskul pardasini ajratdi. Kokosov ayiqdek gavdasiga nomunosib chaqqonlik bilan har xil qisqichlarni ishlatib, qon tomirlarini qisib qoʻydi. Lozovskiy boshqa pichoqda qursoq pufagini qirqdi. Lozovskiy pichoqni qoʻydi, — sterilizatsiyalangan salfetka bilan qonni artdi. Kesilgan joydan ichaklar va oqish-koʻkimtir oshqozon qopchasi koʻrindi. Lozovskiy qoʻlini ichak ustiga qoʻyib, oshqozonni agʻdarib ushladi — ana shunda oshqozonning yaltirab turgan eti orasida, yara boʻlishi kutilgan joyda, — xuddi mumdan yasab qoʻyilgandek oppoq, buzoqboshi tuxumini eslatadigan chandiq koʻrindi, — u yara bitib ketganini, operatsiya behuda oʻtkazilayotganini ochiq-oydin koʻrsatib turardi.

Ammo ayni shu paytda, ayni shu paytda, ayni shu pallada, Lozovskiy Gavrilovning oshqozonini qoʻlida ushlab turgan mahalda:
— Tomir! Tomir! — deb qichqirib yubordi xloroformator.
— Nafas! — beixtiyor unga joʻr boʻldi Kokosov.

Ana shunda Kokosovning oʻta yovuz, oʻta qoʻrqinchli koʻzlari xuddi sochlari orasidan, koʻzoynagi ostidan otilib chiqqandek, otilib chiqib, atrofga sudralib ketgandek boʻldi, Lozovskiyning koʻz xaltasi chetidan joy olgan koʻzlari esa qansharini bosib, yanada qisilib, ichkariga kirib, dahshatli darajada oʻtkir yagona koʻzga aylanib qoldi. Bemorning tomiri sezilmas, yuragi urmas, nafas olmay qoʻygan, oyoqlari sovib borardi. Yurak inqirozi boshlangandi. Xloroformni qabul qilmagan badan xloroform bilan zaharlangan edi. Endi bu odam hech qachon hayotga qaytmaydi, bu odam endi oʻlishi kerak, sun’iy nafas oldirib, kislorod berib, kamfara, fiziologik eritma yuborib chinakam oʻlim holatini bir soat, oʻn soat, oʻttiz soatga choʻzish mumkin, undan narisi imkonsiz, natija shuki, odam hushiga kelmasdan oʻladi. Gavrilovning operatsiya stolida, pichoq ostida oʻlishi aniq boʻlib qolgandi. — Professor Kokosov hamshiraga yuzini oʻgirib, oldinga choʻzdi, hamshira koʻzoynagini toʻgʻrilab qoʻydi, professor oʻshqirdi:
— Oynani ochinglar! Kamfara! Eritma tayorlansin!

Gung assistentlar yanada gung boʻlib qoldi. Kokosov indamasdan stol ustiga egilib, jarrohlik asboblarini koʻzdan kechirdi. Lozovskiy ham Kokosov yonida egilib turardi.
— Pavel Ivanovich, — dedi Lozovskiy jahl bilan shivirlab.
— Xoʻsh? — javob berdi Kokosov baland ovozda.
— Pavel Ivanovich, — dedi Lozovskiy yanada sekin, endi jahl ohangi yoʻq edi.
— Xoʻsh? — takrorladi Kokosov baland ovozda va qat’iy buyurdi:
— Operatsiyani davom ettiring!

Ikkala professor qaddini koʻtarib, bir-biriga qarashdi, birining koʻzi sochlari orasidan otilib chiqib turardi. Lozovskiy bir muddat xuddi zarbadan qochayotganda chora topgan odamdek, Kokosovdan uzoqlashdi, koʻzlari ikkiga ajralib, adashib qolgandek boʻldi, — soʻng ular yana birlashib, oʻtkir nigohga aylandi, — Lozovskiy shivirladi:
— Pavel Ivanovich!

Va qoʻlini chandiq ustiga qoʻydi: u yarani tikish oʻrniga shilliq pardani koʻklab, terini tortib siqib, yuqori qavatini toʻrlab qoʻymoqda edi. U qichqirdi:
— Qoʻlini boʻshating, sun’iy nafas!

Operatsiya xonasidagi katta oyna ochiq, xonaga birinchi qor sovugʻi yopirilib kirar edi. Bemorga kamfara purkaldi. Kokosov xloroformator bilan birga Gavrilovning qoʻlini yechdi va yuqoriga koʻtarib, sun’iy nafas oldirishga urina boshladi. Lozovskiy yarani toʻrlayotib yana baqirdi:
— Fizologik eritma!

Va asistent ayol oʻlayotgan odamning qon bosimini koʻtarish maqsadida papiros yoʻgʻonligidek keladigan ikkita ignani bemor koʻkragiga sanchib tomirga ming kubik eritilgan tuz yubordi. Bemorning yuzida hayot asari yoʻq, lablari koʻkarib, binafsharang tusga kirgan edi.

Keyin Gavrilovni stoldan koʻtarib, gʻildirakli aravachaga yotqizishdi va palatasiga olib kirishdi. Yuragi hamon urib turar, nafas olardi, ammo u hushiga kelmadi, balki oxirgi daqiqagacha, kamfara yuborilgan va sun’iy eritma bilan tuzlangan yuragi soʻnggi marta urgunga qadar u oʻziga kelmasa kerak, oʻttiz yetti soatdan keyin— kamfara va vrachlarsiz qoldirib ketilgandan keyin u oʻldi: soʻnggi daqiqalargacha oldiga ikki professor va bir hamshiradan boshqa hech kim kiritilmadi, ammo qoʻmondon Gavrilovning oʻlganligi rasman e’lon qilinishidan bir soat oldin yondosh palatadagi tasodifiy qoʻshni bu palatada gʻalati tovushni eshitdi: u xuddi turmadagi mahbuslar devorni taqillatishiga oʻxshar edi. U yoqda, palatada tiriklay oʻldirilgan, kamfara bilan toʻyintirilgan mashhur odam yotar edi, tibbiyotda gʻalati bir qoida bor, bemorning jarrohlik stolida, pichoq ostida oʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi, palatani professorlar qattiq qoʻriqlayotganiga yana bir sabab, bu yerda qoʻmondon, fuqarolar urushining, buyuk rus inqilobining qahramoni, nomi afsonalarga aylanib ketgan, oʻziga oʻxshagan odamlarni oʻlimga yuborish uchun cheksiz kuch-qudratga va cheksiz huquqqa ega boʻlgan inson oʻlib yotar edi.

Operatsiya soat sakkizdan oʻttiz daqiqa oʻtganda boshlangan boʻlsa, Gavrilovni gʻildirakli stolda jarrohlik xonasidan olib chiqishganda soat oʻn birdan oʻn bir daqiqa oʻtgan edi. Yoʻlakda qorovul professor Lozovskiyni yoʻqlab birinchi raqamli uydan ikki marta qoʻngʻiroq qilishganini ma’lum qildi va koʻp oʻtmay yana qaytib kelib, uni telefonda kutishayotganini aytdi. Lazovskiy telefon oldiga bordi, u birinchi raqamli uy bilan gaplashaman deb oʻylagan edi. Telefonda esa: «Azizim, men seni orziqib kutayapman», — degan tovush eshitildi. Bir daqiqa ichida Lazovskiyning tishlari gʻijirlab ketdi, chamasi, qattiq soʻkib yuborishga chogʻlandi, ammo hech narsa demasdan trubkani otib yubordi. Professor telefonli xonaga yana qaytib kirdi, oyna yoniga borib, birinchi qor manzarasiga tikildi, barmoqlarini tishlab, goʻshakni koʻtarib, oʻttiz-qirqta tarmogʻi bor telefon tizimiga bogʻlandi va goʻshakni ta’zim qilib operatsiya muvaffaqiyatli oʻtganini, ammo bemor juda holdan toyganini, ular, vrachlar ahvoli ogʻir deb hisoblashayotganini aytdi, hozir borolmasligi uchun uzr soʻradi. Yuqorida, jarrohlik xonasi bilan bemor palatasi oraligʻidagi yoʻlak, ertalab odamlar shivirlashib yugurib yurgan joy hozir boʻshab qolgan, hech kim koʻrinmas edi.

Gavrilov oʻldi, professor Lozovskiy palatadan oq qogʻoz koʻtarib chiqdi, boshini egib, bemor, armiya qoʻmondoni, fuqaro Nikolay Ivanovich Gavrilov, ming afsuski, soat birdan oʻn yetti daqiqa oʻtganda hayotdan koʻz yumdi, deb qaygʻuli va tantanali ravishda ma’lum qildi.

Oradan uch soatu chorak minut oʻtganda, ya’ni tungi soat ikki boʻlganda kasalxona hovlisiga qizil askarlar rotasi kirib kelib, barcha yoʻllar va zinalarni qoʻriqlay boshladilar. Qoʻmondon jasadi yotgan palataga bizga tanish markaziy shtab xodimlari — qoʻmondonni vokzalda kutib olgan uch harbiy kirib keldi, ular uchun Gavrilov armiya deb ataluvchi ulkan mashinaning asosiy yetakchisi, ularning hayotiga qoʻmondonlik qiluvchi rahnamo edi; endi ular qoʻmondonning jasadiga komandirlik qilish uchun kelgan edilar. Bu paytda qishloqlarda xoʻrozlar qichqira boshlagandi, osmonda bulutlar sudralar, ularning izidan toliqib qolgan toʻlin oy shoshilib borardi. Bu paytda usti yopiq «Roys»da Lozovskiy shitob bilan birinchi raqamli uyga ketmoqda edi; «Roys» burgut rasmi solingan darvozadan ichkariga kirdi, soqchilar yonidan oʻtib, uy oldida toʻxtadi; soqchi darchani ochdi; Lozovskiy qizil movut qoplangan stol ustida uchta telefon turadigan, yozuv stoli orqasidagi devorda qoʻngʻiroq tugmachalari askarlardek saf tortgan tanish xonaga kirdi. Xonada Lozovskiy bilan boʻlib oʻtgan suhbat bizga qorongʻi, ammo u uch daqiqagina davom etdi; Lozovskiy xonadan dahlizga, dahlizdan hovliga qanday chiqqanini bilmay qoldi, palto bilan shlyapasini koʻtarib olgan bu odam Gofman qahramonlarini eslatardi; avtomobil joyida yoʻq edi; Lozovskiy mast odamdek chayqalib borar; bu sokin tunda koʻchalar kimsasiz edi, koʻchalar ham Lozovskiy bilan birga chayqalib borar, bu sokin tunda koʻchalar kimsasiz edi, koʻchalar ham Lozovskiy bilan birga chayqalardi.

Oy nur sochib turgan kimsasiz tunda koʻchalar Lozovskiy bilan birga chayqalardi. Gofmanga aylangan Lozovskiy birinchi raqamli uydan chiqdi. Birinchi raqamli uydagi xonada egilmaydigan odam qoldi. U stol orqasida mushtini stolga tiragancha tik turar, boshi egilgan edi.

Uzoq vaqt harakatsiz turdi. Bu odam qogʻozlari va formulalaridan ajralib qolgandi. Nihoyat, u qoʻzgʻaldi. Chaqqon harakatlar bilan orqadagi tugmani bosdi, telefon trubkasini koʻtardi. Navbatchiga: «Poygachi, ochiq», — deb buyurdi. Telefonda uchlikdagi sheriklaridan biri bilan — chamasi u uxlab qolgandi — gaplashdi, ovozi juda zaif chiqdi: — «Andrey, azizim, odam hayotdan ketdi, — Kolya Gavrilov oʻldi, jangovor doʻstimiz endi yoʻq. Potapga qoʻngʻiroq qil, azizim, biz aybdormiz, men bilan Potap».

Egilmaydigan odam shofyorga buyurdi: «Kasalxonaga».

Koʻchalar chayqalmasdi. Oy bulutlar orasidan shoshilib tipirchilab, kezardi, avtomobillar kesilgan novdaga oʻxshab yer bagʻirlab sudralardi. Kasalxona binosining notinch oynalari qora zulmat qoʻynida xira yaltirardi. Qora yoʻlaklarga soqchilar qoʻyilgan. Uy sukunatga choʻmgan, oʻlim bor joyda sukunatga choʻkmay boʻladimi? Egilmaydigan odam — qora yoʻlak boʻylab qoʻmondon Gavrilovning palatasiga kirib bordi. Odam kirib borgan palatada karavotda qoʻmondon Gavrilovning jasadi yotar — nafasni boʻgʻadigan darajada kamfara hidi anqir edi. Hamma palatadan chiqib ketdi, palatada egilmaydigan odam va Gavrilovning jasadi qoldi. Odam jasadning oyoq tomonida karavotga oʻtirdi. Gavrilovning qoʻllari choyshab ustida tanasi boʻylab choʻzilib turardi. Odam jasadning yonida bukilib sukutga botib uzoq oʻtirdi. Palata sokin edi. Odam Gavrilovning qoʻlini oldi, uni siqib:
— Alvido, oʻrtoq! Alvido, birodarim! — dedi va boshini egib, hech kimga qaramay palatadan chiqdi, «fortochkani ochib qoʻymaysizlarmi, nafas olib boʻlmaydi», — dedi va qora yoʻlak boʻylab tez yurib zinadan pastga tushdi.

Bu paytda qishloqlarda xoʻrozlarning saxargi qichqirigʻi boshlangan edi. Odam indamasdan mashinaga oʻtirdi. Shofyor buyruqni kutib burilib qaradi. Odam jim edi. Odam oʻziga keldi va buyurdi: «SHahar tashqarisiga! — Eng katta tezlikda!»

Mashina turgan joyidan shiddat bilan qoʻzgʻaldi, yelpigʻichday yoyilib, shu’la sochib, tor yoʻlkalar, lavhalar, keng koʻchalarni orqada qoldirib katta tezlikda uchib ketdi. Havo shu zahotiyoq mashinaga oʻzini urdi. Koʻchalar, uylar, chiroqlar harakatga tushdi, fonarlar chiroqlarini silkitgan holda shiddat bilan orqaga chopa boshladi. Mashina butun kuchi bilan shahar tashqarisiga intilar, goʻyo oʻz vujudidan chiqib ketgudek boʻlib pishqirar edi. Shahar atrofiga qatnaydigan tramvaylarning simlari, qoʻylar ma’rab, itlar vovullab chopgan qishloq kulbalari orqada qoldi, tekis yoʻlda gʻizillab ketayotgan gʻildiraklarning tovushi ham eshitilmaydigan boʻldi. Oʻnqir-choʻnqirlardan oʻtayotganda mashina koʻtarilib, havoda uchib ketayotgandek tuyulardi. Havo, shamol, vaqt, yer hushtak chalar, uvillar, ingrar, sakrar, uchar edi; hamma narsa hududsiz shiddat komida uchib ketayotgan shu pallada faqat bulutlar ortidagi oy va mashinada xotirjam oʻtirgan odamgina harakatsiz, jim qotgan edi.

Bir necha kun oldin Gavrilov bilan Popov kelgan oʻrmon chekkasiga yaqinlashganda odam «Toʻxta!» deb buyruq berdi va mashina zamon, makon hamda shamolni oʻz holiga qoʻyib, yer va bulutlar ortidagi oyni quvishdan toʻxtab, tezligini kamaytirdi. Odam bir necha kun oldin ayni shu yerga Gavrilov kelganini bilmas edi. Odam mashinadan tushdi va indamasdan, sekin yurib oʻrmon ichiga kirib ketdi. Oʻrmonni qor bosgan, tepasida oy shoshilib borardi. Odamning yonida gaplashadigan hamroh yoʻq edi. Odam oʻrmonda uzoq vaqt qolib ketdi. Qaytib kelib, mashinaga oʻtirar ekan, buyurdi:
— Orqaga qaytamiz. Shoshilmay haydang.

Tong otganda mashina shaharga yetib keldi. Sharq tomondan qip-qizil sovuq quyosh koʻtarilmoqda edi. Pastlikda — binafsharang, koʻkimtir hamda sargʻish tumanga oʻralgan shahar yotardi. Odam u tomonga sovuq nazar tashladi. Bu pallada osmondagi oy oʻrnida koʻzga arang tashlanadigan, erib borayotgan kichik muz parchasi qolgan edi. Qor bosgan jimlikda shahar shovqin-suroni eshitilmasdi.

Soʻnggi bob

Kechqurun, qoʻmondon Gavrilov dafn etilgan, harbiy orkestrning mis karnaylari yangrab, motam bayroqlari egilgan, marosimga kelgan minglab ta’ziyachilar qurshovida sovib boʻlgan inson jasadini sovuq yer qa’riga topshirib qaytishgandan keyin — Popov oʻz xonasida mizgʻib qoldi va allamahalda uygʻondi, soat necha boʻlganini bilib boʻlmasdi. Xona qorongʻi va jimjit edi, Natasha yigʻlardi. Popov qizi ustiga engashib uni koʻtarib oldi va xona boʻylab kezib yurdi. Oyna orqasida yugurishdan charchagan oppoq oy koʻrinib turardi. Popov deraza oldiga kelib, sokin tun qoʻynida yiltirayotgan qorga tikildi. Natasha Popovning qoʻlidan chiqib, deraza tokchasiga oʻtdi. Popov choʻntagiga Gavrilov kasalxonaga yotishdan oldin kechasi yozgan soʻnggi maktubni solib qoʻygan edi. Maktubda shunday yozilgandi: «Alyosha, birodarim! Men oʻlishimni sezib turibman. Sen meni kechir, yosh bola emassan-ku. Qizingni tebratib oʻtirib, shunday fikrga keldim. Xotinim ham qarib qoldi, sen uni yigirma yildan beri bilasan. Unga yozib yubordim. Sen ham yoz. Birga yashanglar, turmush qursanglar ham mayli. Bolalarni oʻstiringlar! Kechir, Alyosha».

Natasha deraza tokchasida turardi, Popov birdan koʻrib qoldi: u lunjini shishirib, lablarini naycha qilar, oyga qarab, uni moʻljalga olar va puflar edi.
— Nima qilayapsan, Natasha? — soʻradi ota.
— Oyni soʻndirayapman, — javob berdi Natasha. Savdogar xotindek toʻlishgan, toliqqan oy bulutlar orasidan suzib borardi.

Ayni shu paytda shahar mashinalari uygʻonib, zavod gudoklari chinqira boshladi. Gudoklar — bitta, ikkita, uchta, — koʻplab gudoklarning chinqirigʻi ohista, ammo uzoq yangrab turdi va kulrang shahar shovqiniga singib ketdi. Bu gudoklar bilan birga oy muzlatib qoʻygan shaharning qalbi nola chekayotganini hamma bilib turar edi.


  1. Tseka — Markazqoʻm.
  2. Mash’um «troyka» nazarda tutilmoqda (tarj.).