OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Botu. Hoshimjon (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBotu
Asar nomiHoshimjon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Botu
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/30
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hoshimjon (hikoya)
Botu

Hoshimjon bu kun juda qaygʻuli. Ichiga chiroq yoqsang yorimaydi. Har tovush uning achchigʻini qitiqlaydi. Ayniqsa, koʻchada gʻirillab yurgan avtomabillarning gʻut-gʻutlari uning asablariga larza beradi.

Hukumat avtomabillarida yurguchilarga qarshi turli fikrlar bugun Hoshimjonning miyasini ezadilar, qiynaydilar.
— Ulardan qay yerim kam? — deb Hoshimjon tishlarini gʻijirlatdi. Biroq uning soʻrogʻiga javob bera turgan, uning holidan xabar ola turgan kishi uyda yoʻq. Hoshimjonning yolgʻiz oʻzi toʻrt soatdan beri sim krovatda yaslanib yotadi. Qosh qorayganda bir soat ham uyda turmaydigan kishining shuncha vaqt uyda qolishiga oddiy nazar solish toʻgʻri boʻlmaydi. Zoʻr alam oʻtmagan boʻlsa Hoshimjon bunday «goʻshanishin» boʻlmasdi. «Jannat gullari»dan birini iskab kayfini chogʻ qila berardi. Lekin bugun boshiga tushgan kulfat uning boʻgʻim-boʻgʻimlarini boʻshashtirib, eski ulfatlarni, oʻtgan rohatlarni esiga tushirib yubordi.
—Men bu mamlakatda qanday yaxshi ishlar qilmadim? Nega allakimlar koʻtarilib keta beradi, ulardan qay yerim kam?

Mana bu soʻroqlar Hoshimjonning tushunchasiga tinchlik bermaydilar. Dunyoda 28 yil yashab, 28 tomchi yomonlik qilganini Hoshimjon bu gal ham eslab topolmadi. Koʻngliga dogʻ qoʻnmagan ma’sum yigit ekanini oʻzi yana tasdiqladi. Uning qadriga yeta turgan, tushunchalarini anglayturgan kishilar bu mamlakatda kamdan-kam boʻlganligi koʻnglini ezdi.
— Uf! Bu qanday zamon? Joningni ayamay ishlaysan, ishlaysan, bir kun ayblanib ishdan chiqarilasan... Mana mukofot...

Hoshimjonning bu soʻzlariga sim krovatigina javob berdi. Unga Hoshimjon e’tibor etmadi.

* * *

Hoshimjon koʻp yerda, juda koʻp ishda boʻldi. Biroq bir yerda koʻp vaqt ishlab yaxshi nom chiqarish unga nasib boʻlmadi. Uning toʻgʻrisida gapirganda kishilar «gap desang qop-qop, ish desang togʻ-toshlardan top» deb qoʻl siltaydilar. Hoshimjon ham shunday kishilarning hammasidan norozi edi. Kishilarning Hoshimjonga yomon qarashlarining sababini uning oʻzi faylasuflarcha tahlil qilardi. Sirdosh oʻrtoqlaridan boʻlgan Aminxoʻjaga bir kun shunday degan edi:
—Doʻstim, sababini yaxshi bilaman, agar bir gala tovuq orasiga chetdan bir xoʻroz kelib kirsa, u yerda kekkayib yura turgan xoʻroz chidab turolmaydi. Kelgan xoʻrozni haydashga tirishadi. Bizning mahkamalardagi kishilar ham mana shunga oʻxshaydilar. Ish bilaturgan kishi mahkamalarga kirib qolsa darrov haydashga tirishadilar. Shuning uchun menga oʻxshaganlar sarson boʻlib yuradilar... Oʻlma, gaping juda toʻgʻri! Aminxoʻja har vaqt Hoshimjonning ruhini koʻtarib yurardi.

Hoshimjon juda ongsiz emas, u oʻz foydasini juda yaxshi biladi. Oʻz sirdoshlariga aytadigan falsafalarini har kimning oldida ocha bermaydi, kim bilan gaplashsa shuning koʻngliga yoqaturgan soʻzlarni aytishga tirishadi. Lekin uning oʻz soʻzi bilan aytganda «tolesizlik qurgʻur yomon ekan-da».

* * *

Hoshimjon millatchilar oldida oʻzini millatchi qilib koʻrsatishga har vaqt tirishgan, birinchi va ikkinchi uchrashishda ularning yaxshi qarashini oʻziga tortishga ham erishgan. Lekin uning ogʻzi kattaligi, maslaksizligi ularni ham tez kunda qochirib yuborgan. Hoshimjon millatchilar bilan soʻzlashganda qoʻlini koʻtarib yuqori tovush bilan aytadi:
— Men ruslar, juhidlar bilan koʻp urishaman, sira chiqisha olmayman. Ular har yerda bizning oʻzbeklarning yoʻlini toʻsadilar. Oʻzlari hamma yoqni egallab olmoqchi boʻladilar. Ularning hammasi millatchi. Oʻrus va juhidlardan kommunist chiqishi mumkin emas.

Hoshimjon ruhoniylarga ham yaxshi koʻrinishni istaydi. Ilgarilar din, Qur’on deb baqirib yurguchilar qatorida juda faol boʻlgan. U 1920 va 1921 yillar — «Yangi imlo Qur’onni buzadi, yangi imlochilar dahriylar» deb gap tarqatib yurganlarning biri edi. Hoshimjonning oʻzi bir necha jumlani toʻgʻri yozishni bilmasa ham, yangi imlo nima ekaniga tushunmasa ham qarshi chiqa bergandi. Ayniqsa, 1921 yilda arab harflarining oʻrniga lotin harflarini olish degan xabar chiqqanda Hoshimjon oʻzini yoʻqota turgan darajada achchiqlangan edi.

* * *

Hoshimjon inqilob boʻlgan yildan boshlab to shu vaqtlargacha ancha narsa koʻrdi. Oʻzi koʻp shaharning boylari taniyturgan uyda tugʻilib oʻsgan boʻlsa ham inqilobning boshlarida jadid oʻrtoqlarining koʻmagi bilan tuzuk-tuzuk ustallarga ega boʻlib, baqirib yurdi.

Hoshimjon beliga nagan, toʻpponcha taqib yurgan vaqtida Qobilxon boyning chiroyli qizini xotinlikka olib, birinchi yosh xotiniga javob berib yubordi.

Qobilxonboy qizini Hoshimjonga berib ziyon qilmadi. Uning «soyayi davlati»da Qobilxonboyning uy-joy, pul-moli butun qoldi, boyligiga zarar kelmadi.

Hoshimjon bu kunlarning oxiri borligiga ishonmasdan koʻkrak kerib hammani ta’zim qildirib yurardi. Ishlar tuzala borgan sari Hoshimjonning holi buzila boshladi. Firqani tozalaganda temir supurgi Hoshimjonni ham tashqari irgʻitdi.

* * *

Hoshimjonning turmushi juda boshqalanib ketdi. Yangi iqtisodiy siyosatning ta’siri ham unga oʻz kuchini koʻrsatdi. Eski vaqtda hukumat ishlarida birga boʻlib «NEP boʻlgach» qizil savdogarlar qatoriga kirgan oʻrtoqlari bilan birlikda savdo ishlariga ham qatnashib turdi. Lekin Hoshimjon bu ishni ochiqdan-ochiq qilishga jasorat etmadi. Oʻzi hukumat ishlarida turib oʻrtoqlari orqali savdo ishlari bilan bogʻlanishni yaxshi topdi. Bunday ishga Hoshimjon juda iste’dodli edi. Shuning uchun hukumat mahkamalarida u hech narsa qilolmasdi. Hoshimjon uy hayotini ham oʻzgartdi. Ikki bola bilan xotinini tashlab «jannat gullari» bilan boʻlishga erishdi.
— Nega xotiningiz bilan ajrashdingiz?
— Siz ham qiziq ekansiz... Men madaniy bir kishi, xotinim nodon, eski turmushni istaguchi boʻlgandan keyin turmush qilish mumkinmi?
— Bizning oʻzbek xotinlari oʻqigan bilan bir narsa boʻlmas ekan.

* * *

Hoshimjon bu kun juda qaygʻuli. Ichiga chiroq yoqsang yorimaydi. Uy ichi qorongʻi boʻlsa ham u oʻrnidan turib chiroq yoqmaydi. Sim krovatda shipga qarab yota beradi.
— Mumkinmi? Uyda kishi bormi? Eshikni ochib turib ijozat soʻragan kishini Hoshimjon tanidi.
— Kel... mendan boshqa hech kim yoʻq.
— Ha... nima boʻldi? Chirogʻ yoqmaysan. Bu kun koʻrinmading?

Hoshimjon oʻrnidan turib chiroq yoqdi. Aminxoʻja uning qaygʻuli yuziga qaradi:
— Juda qaygʻuli koʻrinasan... Tobing yoʻqmi?
— Oʻrtoq ish yomon. Kooperativ mudirlikdan ham haydadilar, boʻyinga qarz ham tushib turibdi.
— Shunga ham xafa boʻla berasanmi? Bu yilgi qilgan foydadan qarzga berasan, qutilasan. Ish boʻlsa topilmay turgan narsa emas.
— Oʻlib boʻldim...
—Hozir savdogarchilik yomon ish emas, qoʻy xafa boʻlma! Toʻgʻrilaymiz... Uni-buni qoʻy... Ovqat yedingmi?
— Yoʻq.
— Tur, kiyimlaringni tuzat! Men ikki «jannat guli» bilan va’dalashib keldim.

Aminxoʻja Hoshimjon sochini taradi, galstugini tuzatdi, pudrani chapladi va atrni kiyimlariga sepdi.

Eshikni yopib turib Hoshimjon soʻradi:
—Qaysi «jannat gullari?»

Shahardan yaqinda kelgan Nina va Marusaxonlar...

1928