OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBoyboʻta Doʻstqorayev
Asar nomi«Oʻgʻuzxon»dan biror «iz» qolganmi?
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Boyboʻta Doʻstqorayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Oʻgʻuzxon»dan biror «iz» qolganmi?
Boyboʻta Doʻstqorayev

Shunisi borki, insonga umidvorlik hissi xosdir. Men ham bir adabiyot muxlisi sifatida oʻtmishda yaratilgan, ammo turli sabablar bilan yoʻqolgan asarlarning «moʻ’jiza roʻy berib» topilib qolishiga hamisha umidda boʻlaman. «Amir Umarxonning kanizagi» romani, «Kecha va kunduz»ning ikkinchi qismi... «Temur sagʻanasi», «Oʻgʻuzxon» dramalari ana shunday asarlardir. Imkonim boʻlganda oʻtgan asrning birinchi choragida chiqqan gazeta-jurnallarni, risolalarni titkilab, bu asarlar haqida nimadir topish ilinjida boʻlaman.

Atoqli adib Fitratning tarixiy shaxslar nomi bilan bogʻliq dramatik asarlari XX asrning birinchi choragidagiyoq oʻzbek sahna san’ati mavqeining yuqori koʻtarilishida munosib rol oʻynagan. «Temur sagʻanasi», «Oʻgʻuzxon», «Abulfayzxon» dramalari oʻz vaqtida katta adabiy hodisa boʻlganidek, hozir ham tadqiqotchilarning doimiy e’tiboridagi asarlar sanaladi. Abdulhamid Choʻlpon 16-17 yoshlaridayoq yozgan «Adabiyot nadir?» sarlavhali maqolasida shunday bir fikrni bildirgandi: «... oʻzining shavkat va gʻayrati ila zamonasida butun dunyoni xavf va dahshatga solgʻon jahongirlarning oʻtkazgan kunlarin va davrlarin tarixlarda koʻrsa va eshitsa, har kishi yuragida bir botirliq va bir fidokorlik his etar va qahramonona umidlarda boʻlinur». Darhaqiqat, tarixda oʻtgan buyuk ajdodlarga, taniqli shaxslarga ijodkorlar bejiz murojaat qilishmagan. Ularning timsollari, tarix oldidagi xizmatlari vositasida oʻzlari ilgari surmoqchi boʻlgan gʻoyaga mustahkam zamin hozirlaganlar.

1917 yil fevral toʻntarishidan soʻng Rossiyada yuzaga kelgan siyosiy vaziyat milliy zulm asoratidagi millat va elatlar vakillarining milliy istiqlol harakatiga kirishishlari uchun bir omil boʻlgandi. Ular muxtoriyat, ya’ni avtonomiya tuzish boʻyicha turli loyihalarni oʻrtaga tashladilar. Volga boʻylaridagi turkiy qavmlar ham oʻzlarining mustaqil davlatchiligini tiklash fikriga tushib, bu yoʻlda turli rejalarni tuzdilar. Jumladan, tatarlarning atoqli siymosi Sadri Maqsudiy Edil-Ural shtatlari gʻoyasini koʻtargan boʻlsa, Mirsaid Sultongaliev Boshqird-tatar jumhuriyatini barpo etish rejasini ilgari surdi. Boshqa bir turkum tatar istiqlolchilari oʻlkalari jugʻrofiy jihatdan Rossiyaning oʻrtasida boʻlgani sababli muxtoriyat jumhuriyati uchun xorij bilan tutashish kerakligini anglab turk-tatar saltanati tuzish gʻoyasiga berildilar. Bu Tatariston va Turkiston birlashib, yagona bir davlat boʻlishi kerakligini anglatardi. Bunday fikr­ni oʻrtaga tashlasharkan, ular mazkur gʻoyaga qoʻllaydigan tarixiy shaxslarni ham izlab topishga urindilar. Jumladan, XX asr 10-yillarida Turkistonga kelgan tatar yozuvchisi va publitsisti Noʻshiravon Yovushev bu gʻoyani tarqatish uchun sahna minbaridan foydalanmoqchi boʻlib, «Chingizxon» dramasini yozgandi. Toʻrt pardadan iborat boʻlishi moʻljallangan bu pesa muallifning 1917 yil 23 noyabr

(5 dekabr)da zotiljam kasalidan vafot etishi tufayli toʻla nashr qilinmagan. Oʻsha davr gazetalarida mazkur dramaning sahnalarda namoyish qilingani toʻgʻrisida ma’lumotlar bor. Bizga uning birinchi pardasigina kitobcha holida yetib kelgan. Ushbu pardadan uning gʻoyasi shundoq ayon koʻrinib turibdi. Chingizxon sahnadan xitob qiladi: «Hukumat! Turk, tatar va moʻgʻul xalqi birlashkan buyuk Chingiz hukumati. Bir zamonlar turk, tatar va moʻgʻul hukumati buyukligi, xalqining qahramonligʻi bilan butun dunyogʻa tanilgʻon edi».

Albatta, bu gaplarning haqiqatga qanchalik yaqin yoki yaqin emasligi tarixiy-ilmiy asarlarda aniqlashtirilgan. Gap bu yerda pesa muallifining, Choʻlpon yozganidek, tomoshabin yuragida muayyan bir hisni alangalatish uchun tarixiy shaxsga murojaat qilganida. Tarixning keskin burilish davrlarida vatandoshlarining «yuragida bir botirliq va bir fidokorliq» tuygʻusini uygʻotmoqchi boʻlgan Fitrat ham buyuk ajdodlarimiz timsoliga murojaat etgan.

«Temur sagʻanasi» spektakli haqida oʻz davrida yozilgan taqrizlardan hamda asarning oʻzidan bizgacha yetib kelgan kichik bir parchasidan uning mazmuni, gʻoyaviy maqsadi toʻgʻrisida, tili va uslubi kabi badiiy vositalari haqida muayyan tasavvur hosil qilish mumkin. Mazkur pesa fevral toʻntarishidan soʻng yuzaga kelgan qulay vaziyatdan foydalanib, bir paytlardagi oʻzbek davlatchiligini tiklash gʻoyasini tomoshabinga singdirishi kerak edi.

«Abulfayzxon» dramasining matni toʻla saqlanib qolgani uchun uning falsafiy xususiyatga egaligi – insoniyatning jamiyat toʻgʻrisidagi tasavvurlarida katta tarixiy kashfiyot boʻlgan podsholik tuzumining XX asr boshlariga kelib oʻz umrini tugatgani, yangi zamon, yangi voqelik boshqacha tizimga ehtiyoj tugʻdirayotgani, monarxiyaning kishilik taraqqiyotiga mudhish toʻsiq boʻlib qolayotgani haqidagi mulohaza asar hujayralariga singdirilgani yaqqol koʻrinadi. «Oʻgʻuzxon» dramasida-chi? Taassufki, undan na biror parcha saqlanib qolgan, u haqda na biror tafsilotli taqriz bor, deb yozishadi fitratshunoslar. Professor H. Boltaboev Abdurauf Fitratning «Tanlangan asarlar»iga yozgan soʻzboshisida bu asar haqida shunday fikr bildiradi: «Ayrim tadqiqotchilar Fitratning «Oʻgʻuzxon», «Qon» nomli asarlari umuman sahna yuzini koʻrmagan, deydilar. Ushbu asarlar taqdiri qanday boʻlganidan qat’i nazar, bizgacha matni toʻla yetib kelmagan besh sahna asari... Fitratning dramaturg sifatidagi iste’dodining qanot yozganini, keyinroq yaratilgan mashhur sahna asarlarining tugʻilishida oʻziga xos tajriba maktabini oʻtaganini qayd etmaslik mumkin emas». Shunisi borki, insonga umidvorlik hissi xosdir. Men ham bir adabiyot muxlisi sifatida oʻtmishda yaratilgan, ammo turli sabablar bilan yoʻqolgan asarlarning «moʻ’jiza roʻy berib» topilib qolishiga hamisha umidda boʻlaman. «Amir Umarxonning kanizagi» romani, «Kecha va kunduz»ning ikkinchi qismi... «Temur sagʻanasi», «Oʻgʻuzxon» dramalari ana shunday asarlardir. Imkonim boʻlganda oʻtgan asrning birinchi choragida chiqqan gazeta-jurnallarni, risolalarni titkilab, bu asarlar haqida nimadir topish ilinjida boʻlaman.

Fitrat «Oʻgʻuzxon» dramasini «Temur sagʻanasi» bilan deyarli yaqin bir muddatda yaratgan. U XX asrning

18-21-yillarida turli teatr havaskorlari tomonidan namoyish etilgani haqida gazetalarda ma’lumot qolgan. Bularning ichida «Ishtirokiyun» gazetasining 1919 yil 4 sentyabrdagi sonida «Ishchi»ning «Navoiy kechasi» sarlav­hali jajji taqrizi «Oʻgʻuzxon» haqida qisqa boʻlsa-da, ma’lumot beradi. Unda 1919 yil 16 avgust kuni Toshkentdagi «Rohat» sahnasida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy sharafiga adabiy kecha boʻlib oʻtgani yoziladi. Kechada Gʻulom Zafariyning «Bahor», Fitratning «Oʻgʻuzxon» va «Temur sagʻanasi» pesalaridan bir pardadan namoyish qilingan. Taqriz mazkur asarlar spektakliga yozilgan boʻlib, unda «Oʻgʻuzxon» asarining yoʻnalishi haqida bor-yoʻgʻi shunday ma’lumot bor: «Ikkinchi pardada oʻynalgan «Oʻgʻuzxon» Toshkandda bir necha qatla qoʻyulgʻon tarixiy piesa boʻlub, adabiy qalam birla yaxshi tasvir etilgan bir asar boʻlub, Oʻgʻuzxon rolini atoqli aktyorlarimizdan Uygʻur afandi tarafindan oʻynalub, xalqning hissiyotin uygʻotdi. Chol rolini oʻynovchi Oʻktam afandi oʻz rolini oʻrta hamda zararsiz chiqardi». Taqriz muallifi Vaqqos Sunchalay («Ishchi») pesaning mazmuniga mutlaqo toʻxtalmagan, undan biror parcha ham keltirmagan.

Bu drama oʻsha paytda boshqa shaharlarda ham oʻynalgan, albatta. «Byulleten» degan gazetaning 1919 yil 19 sentyabr sonida qurbon hayitining ikkinchi kuni Namangandagi «Vatan» maktabi jamoasi tomonidan adabiyot kechasi uyushtirilgani, unda Fitratning «Oʻgʻuzxon» asari namoyish etilgani yozilgan. Demak, bu paytga kelib «Oʻgʻuzxon» dramasi anchagina dovruq qozongan ekan.

«Chigʻatoy gurungi» adabiy tashkiloti tomonidan 1919 yili 32 sahifalik «Bitim (imlo) yoʻllari» degan risola nashr etilgan. Tabiiyki, uning yuzaga kelishida Fitrat asosiy rol oʻynagan. Risolaning soʻz qoʻshimchalari imlosiga bagʻishlangan qismida misol tariqasida «Oʻgʻuzxon»dan quyidagi parcha keltirilgan ekan:

Yiqilsunmi shunday buyuk oʻrmondagʻi yogʻochlar,

Yulunsunmi shu yam-yashil butoqdagʻi yaproqlar?

Bor-yoʻgʻi ikki misra. Shunday boʻlsa-da, ushbu parcha bizga pesaning tili va uslubi haqida muayyan tasavvur bera oladi.

«Izlagan topadi» deganlaridek, XX asrning 20- yillarida Buxoroda chiqqan gazetalarni koʻrayotganimda, «Buxoro axbori» gazetasining 1921 yil 14 dekabr sonida «Qalandar» imzosi bilan Choʻlpon tomonidan yozilgan bir taqrizga duch keldim. Unda 10 dekabrda «Azimjon» sahnasida Sharq chol­gʻu maktabi jamoasi tomonidan adabiyot kechasi uyushtirilgani, dastlab sozandalar mumtoz kuylar ijro etishgani, she’rlar xitoba qilingani, soʻngra esa sahna asari namoyish etilgani yozilgan. «... Ikkinchi pardada oʻynalgʻon Fitratning she’r va qoʻshuqlar bilan yozilgʻon bir pardali «Oʻgʻuzxon» tamoshosi, — deya bayon qiladi taqriz muallifi, — tamoshochilargʻa yaxshi, hatto, ortiq darajada chuqur sezgi bagʻishladi. Ham oʻzi-da oʻyun emas: bosh rulda (Boboy) Fitrat, Oʻgʻuz rulida yana oʻzbakning tugʻulgʻuchi, ya’ni yangi adabiyot olamida zoʻr hissasi boʻlgʻon V. M. oʻrtoq edi. Dunyogʻa koʻb shodlik bilan kelib-ketmakda boʻlgʻon bir kishi «Oʻgʻuz»dan soʻng menga «Umrimda men muncha yigʻlamagʻon edim» dedi. Asarning tamoshochilargʻa boʻlgʻon ta’sirini men shu oʻlchav bilan oʻlchasam, yonglishqon boʻlmasam kerak. Boboy rulida Fitratning titrakligi, sekin qimirlashi, qarashlari va soʻz vaqtida koʻrsatkan hayajonlari toʻgʻri va tuzuk edi. Oʻgʻuzning tovushi koʻb haybatli chiqsa-da, shu haybatli tovushgʻa kelishmayturgʻon «harakatsizligi» bir tan va bir kishida qiziq bir «qarshiliq» chiqara edi. «Zotan, oʻlik shundogʻ boʻlur» dedilar, lokin bu «oʻlik» tirilgan oʻlik; oʻzining kuchlar sarf etib tuzugan yurtining butkul xarobligʻini koʻrub turgʻon bir oʻlikdir». Shuning uchun shunga yarashar harakat, qimirlash kerak edi. Cholgʻu koʻb buzuq va qoʻpol chalindi. Bolalar qoʻshugʻi ham sezilarlik ravishda bir qatla buzulub oldi. «Shu asarda cholgʻu boʻlmasa yana yaxshi edi», demakka jur’at qilaman».

Pesa haqida bor-yoʻgʻi shugina yozilgan. Shunday boʻlsa-da, «Oʻgʻuzxon» dramasi toʻgʻrisida muayyan tasavvurga ega boʻlishimiz mumkin. Har holda, bizning qoʻlimizda endi qat’iy dalillar bor: «Oʻgʻuzxon» sahnalarda namoyish qilingan. Buxoro sahnasida namoyish qilinarkan, unda, Choʻlpon ta’biri bilan aytganda, rollarni ijro etganlar «oʻyin emas», birini kimsan, atoqli dramaturg Fitratning oʻzi, ikkinchisini 20-yillarning taniqli adabiyotshunosi Vadud Mahmud (V.M.) oʻynagan. Pesa tarixning burilish davrida vatandoshlarimizni buyuk turk xoqoni siymosida erk, istiqlolga da’vat etgan, oʻzbek davlatchiligini tiklashga chaqirgan. Shu bois u oʻta ta’sirli, his-hayajon uy­gʻotadigan darajada chiqqan.

Umidvorlik — yaxshi xislat. Hozircha topilmagan asarlar ham bir kuni «lop» etib chiqib qolsa, ajab emas.