OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBoyboʻta Doʻstqorayev
Asar nomi«Taraqqiy» boshlab bergan yoʻl
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Boyboʻta Doʻstqorayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Taraqqiy» boshlab bergan yoʻl
Boyboʻta Doʻstqorayev

Oʻzbek milliy matbuotining toʻngʻichi boʻlgan «Taraqqiy» gazetasi chiqqan kunga yuz yil toʻldi. Toʻgʻri, ungacha 1870 yili Turkiston general gubernatori Fon-Kaufmanning koʻrsatmasi bilan oʻlkada rus tilida «Turkestanskie vedomosti» va unga ilova tarzida oʻzbek va qozoq tillarida «Turkiston viloyatining gazeti» tashkil qilingan va ular 47 yil davomida nashr etilib turgan edi. Biroq bu gazetalar bosqinchilarning nashr afkori boʻlib, oʻlkada mustabidlik siyosatini olib borgan va ana shu tizimni mustahkamlash yoʻlida xizmat qilgan. «Taraqqiy» esa mahalliy xalq­larning milliy manfaatini himoya qilgan, ularda erk, istiqlol tuygʻusini uygʻotgan, millat sha’nini koʻtarishga, ularni ozod va mustaqil hayot uchun kurash yoʻliga chorlagan gazeta sifatida Vatanimiz tarixidan munosib oʻrin oldi. Ushbu gazetani tashkil etish mustabidlik davrida millatdoshlarimizning milliy ozodlik yoʻliga kirishdek jasorat sari qay tarzda qadam tashlaganlarini koʻrsatuvchi yorqin dalil hamdir. Shu bois «Taraqqiy» gazetasi qanday ijtimoiy-siyosiy sharoitda yuzaga kelganini, uni kimlar bunyod etishganini bugun yana bir karra eslash jasur ajdodlarimiz ruhi poklarini shod qilish degan gap. Keling, mana shular haqida suhbatlashish uchun yuz yil muqaddam sodir boʻlgan voqealarga xayolan boʻlsa-da, qaytishga urinaylik.

... 1905-1907 yillardagi shiddatli inqilobiy harakatlar yakkahokimlik asosiga qurilgan chor Rusiyasidek saltanatni ham larzaga keltirgandi. Talvasaga tushgan podsho Nikolay Ikkinchi 1905 yilning 17 oktyabrida manifest deb atalgan hujjatni imzolashga majbur boʻlgandi. Manifestga koʻra, Rusiya fuqarolariga soʻz va matbuot erkinligi, jamiyatlar (firqalar) tuzish ixtiyori va’da qilingandi. Mana shu vaziyat mustabidlik zanjiriga tushgan Turkistonda ham milliy matbuot yuzaga kelishining siyosiy omilini tashkil etgandi.

Turkistondagi mustabidlar mahalliy aholining mafkuraviy qudratli qurol hisoblangan gazeta chiqarishlaridan nihoyatda xavfsirardilar. Shu bois manifest e’lon qilingandan soʻng ham turli yoʻllar bilan bunga toʻsqinlik qilmoqchi boʻldilar. Mahalliy ziyolilarni, aniqrogʻi, taraqqiyparvarlarni laqillatish maqsadida 1906 yilning 2 yanvarida oʻzlarining sodiq xizmatkori Ivan Geyer muharrirligida «Oʻrta Osiyoning umr guzorligi. Taraqqiy» nomli oʻzbekcha gazeta chiqarib, goʻyo bu bilan mahalliy aholi manfaatlarini himoya qiluvchi gazeta tashkil qilindi, degan soxta tasavvur uygʻotmoqchi boʻldilar. Mahalliy ziyolilar bu makrning tagiga yetmasdan, I. Geyer gazetasi chiqqanidan xursand boʻlishib, unda ishtirok etish uchun gurillab gazeta tahririyatiga yoʻl oldilar. Lekin tez orada ma’lum boʻldiki, mustabid hukmdorlar bu gazetani koʻz boʻyash uchungina chiqargan ekan. Amalda u ham Turkiston gubernatorligining rasmiy nashri «Turkiston viloyatining gazeti»dan deyarli farq qilmasdi. Shu bois mahalliy ziyolilarning mazkur gazetadan hafsalalari pir boʻlishib, unga mutlaqo qatnashmay qoʻyishdi va u 17 soni chiqqach toʻxtab qoldi. Shu vaziyatdan jadidlar ustalik bilan foydalanadilar. Xususan, Munavvar qori mazkur gazetaning moddiy-texnik zaminida mahalliy aholining manfaatlarini himoya qila oladigan davriy nashrga ega boʻlish uchun qattiq harakat qiladi. Chunki u I. Geyer chiqargan «Oʻrta Osiyoning umr guzorligi. Taraqqiy» gazetasi tahririyatiga ishga joylashib olgandi. Uning gazeta tahririyatiga joylashishiga bir tasodif koʻmak bergan.

I. Geyer gazetasini chiqarish harakati bilan yurganda, «Turkiston viloyatining gazeti»da xodim boʻlib ishlayotgan mulla Olim Abulqosimovdan mahalliy aholidan oʻzlariga sadoqatli bir ziyolini topib berishni soʻraydi. Mulla Olim unga Munavvar qorini tavsiya qiladi. Har holda, bu yerda mulla Olim ham, I. Geyer ham adashishgandi: Munavvar qori mustabidlarga sadoqatli gumashta emas, mahalliy aholining manfaatini himoya qiladigan el farzandi ekanligini payqamay qolishadi. Shu tariqa Munavvar qori jurnalistikaga kirib kelgan va buning katta kuch-qudratga egaligini oʻz tajribasida sinab koʻrgandi. Endi u mustaqil holda gazeta chiqarish harakatiga tushadi. Tashkil etmoqchi boʻlgan gazetasiga oʻzi muharrir boʻlish uchun mustabidlarga rasmiy hujjatlar asosida murojaat etishga toʻgʻri keladi. Ruschani esa yaxshi bilmaydi. Shu bois ikkilanadi va mahalliy aholining tilini yaxshi biladigan, ayni paytda, rus tilida yaxshi gapira oladigan qozonlik Ismoil Obidiy degan kishini gazeta muharrirligiga taklif qiladi. U darhol rozi boʻladi. Shu tariqa, yuzaga kelgan qulay siyosiy vaziyatdan foydalangan Turkistondagi mahalliy xalq vakillari – taraqqiyparvarlarning harakati bilan 1906 yilning 14, yangi hisob bilan 27 iyunida «Taraqqiy» nomli oʻzbekcha milliy gazeta yorugʻlik yuzini koʻradi.

Gazetaning shiori «Najot: maslakda sobit, toʻgʻrilikni ijobat» boʻlgandi. Ilmiy, adabiy, fanniy, tujjoriy boʻlgan gazeta oxirgi sonigacha oʻzining shioriga sodiq qoldi. U mahalliy xalq­ning sevimli gazetasiga aylandi. U chinakamiga milliy gazetamiz boʻla oldi. Negaki, u oʻz davrida millatimizning eng dolzarb, ogʻriqli muammolarini dadil koʻtara bildi, yurtdoshlarimiz qalbiga erk, ozodlik uchun kurash tuygʻusini joyladi, ularda oʻz kuchiga ishonch uygʻotdi, istiqlol sari yoʻlladi.

«Taraqqiy» dastlabki sonlaridanoq mahalliy aholiga Rusiya saltanatining mohiyatini, milliy zulm, mustabidlik nima ekanligini, erk, ozodlik naqadar buyuk ne’matligini anglatishga harakat qildi. Gazeta muharriri oʻqimishli, aqlli inson boʻlganligidan tahririyat ishini puxtalik bilan boshqarib bordi. Muhimi, eserlar firqasiga moyillik bildiruvchi Ismoil Obidiy bilan Toshkent jadidlarining rahnamosi Munavvar qori birgalikda ishlab keta oldi. Ularni bir narsa birlashtirib turardi: zolim va makkor saltanatning boʻgʻovidan qutulish.

Gazeta muharriri Ismoil Obidiy mustabidlarni «hurkitib yubormaslik» uchun gazeta birinchi sonining oxirgi – toʻrtinchi sahifasida oʻz maslagini pardaliroq qilib bayon etadi: «Gazetamiz «Taraqqiy» nominda oʻlub, bora-bora jismi ham ismigʻa muvofiq oʻlub millatimizni «keyin» qolmogʻigʻa, jaholat va gʻaflati oliyda oʻlub boshqa millatlardan kam darajada qolmogʻigʻa aslo rozi emasdirmiz... binoan alayha, gazetamizning najotimizgʻa, dunyo va oxiratda mas’ul oʻlmoqigʻa yolgʻuz ilm bobidur demak eng birinchi vazifasidur». Gazeta «najot» deganda, nimani nazarda tutganligini payqash qiyin emas: mustabidlik zanjiriga tushib qolgan xalqning najoti erkinlik, ozodlikdan boshqa narsa emasligi oʻz-oʻzidan ma’lum. Millatimizning boshqa millatlardan orqada qolishiga aslo rozi boʻlmaslik goʻyo bugun yozilgan satrlardek taassurot qoldiradi. Najotga erishishning, taraqqiy topishning yagona yoʻli – ilm-ma’rifatni egallash orqali, degan fikr ham naqadar oʻylab aytilgani sezilib turadi.

Gazeta «zamonimiz foyda va istifoda zamonidir», «millat manfaatini xizmat etmak zamon, tortgan mehnat, koʻrgan zahmatlaridan qutuladurgʻon zamon bu zamon. Din va dunyomiz uchun gʻayrat qilub ibrat oladurgʻon zamon – bu zamon. Har kim oʻz hissasin olib turgʻon muddatda ogʻiz ochub qoladurgʻon zamon emas»ligini ham ustalik bilan ishora qilib oʻtadi. Buning uchun yashash tarzini, turmush sharoitini bir karra koʻzdan kechirib, eskirgan, zamona talablariga javob berolmay qolgan urf-odatlarni, rasm-rusumlarni, muassasalarni «ta’mirlash», isloh qilish kerak, degan gʻoyani ilgari suradi, asrlar davomida xalqni taraqqiyotda, tamadduniyatda orqaga qolishga sababchi boʻlayotgan narsalardan voz kechish kerakligi anglatildi. Eng muhimi, millatdoshlarimizning rivoj topishida ulkan toʻsiq boʻlib qolayotgan jaholat balosidan qutulishga alohida e’tibor berildi.

«Taraqqiy» ilk sonidayoq Munavvar qorining mahalliy aholini jaholat bot­qogʻidan olib chiqishga da’vat etuvchi «Bizni jaholat – jahli murakkab» sarlavhali maqolasini e’lon qilgandi. Maqolada mahalliy aholi oʻrtasida ildiz otgan eng katta bir illat ochiq koʻrsatib berildi. Jaholat – bu biror narsani bilmaslik. Jahli murakkab esa bilmagan narsasini jaholati tufayli anglamaslik, ya’ni ikki karra jaholatdir, deydi muallif. Shu asnoda muallif «eski maktab» deb ataluvchi an’anaviy musulmon maktablaridagi oʻqitish tizimini keskin tanqid qiladi, uni tubdan isloh etish kerak, degan fikrni ilgari suradi. Maktabda islom dini asoslari bilan birga, oʻqitilishidan foyda boʻlmagan kitob (dars)lar oʻrniga zamonaviy hayotda foydasi tegadigan fanlar, jumladan, hisob, jugʻrofiya, tavorix, tarixi islom kabilarni oʻqitish masalasi qoʻyiladi. Demak, muallif maktabdagi ta’lim va tarbiya hayot bilan bevosita bogʻliq boʻlishi lozim, degan talabni qoʻyadi. Munavvar qori birinchilardan boʻlib oʻqitiladigan dars (fan)larning bolalar yoshiga munosib boʻlishi lozimligini, ularning axloqiga koʻrsatadigan ta’sirini hisobga olish darkorligini oʻrtaga tashlaydi. Maqolada maktablarda hayotda asqotadigan darslarni oʻqitish kerak, oʻqituvchilar bilimi, axloqi, ma’naviy jihatlari bilan shu kasb­ga mos boʻlishlari lozim, ular zamonaviy pedagogik uslublarni egallagan boʻlishlari darkor, degan fikrlar ilk martaba oʻrtaga tashlandi. Bu fikrlar oʻsha paytda — din ahllari, ulamolarning jamiyatda mavqelari katta boʻlib turgan zamonda dadil oʻrtaga tashlanishi, aytish mumkinki, muayyan darajada jasorat edi.

«Taraqqiy» gazetasi chor Rusiyasi davlat tizimi haqida ham dadil fikrlarni bildira oldi. Jumladan, gazetaning 1-sonida «Duma xususinda» sarlavhali maqola shunday ruhga ega. Maqolaning mazmuniga mutlaq hokimiyat (absolyut monarxiya) tuzumiga qaraganda parlament­li davlat tuzumi afzaldir, degan fikr singdirilgan.

Gazetaning 3-sonidagi «Toshkand. ­22 iyun» sarlavhali bosh maqolada ham chor Rusiyasi davlati tizimining illatlari haqida soʻz yuritiladi. Unda yozilishicha, rus-yapon urushi Rusiyadagi katta mansabdor harbiylarning oʻz lavozimlariga noloyiqligini isbotlagan. Urush Rusiya qoʻshinlarining texnika, zamonaviy qurol-yarogʻ jihatidan orqada qolganligini koʻrsatgan. Shu bois Rusiyadek katta saltanat Ajam (Eron)dan qarz soʻrashga majbur boʻlgan. Bu fikrlarning zamirida goʻyo Rusiyaning magʻlubiyatidan achinilgandek boʻlsa-da, aslida uning har qancha qudratli, ulugʻ saltanat ­deyilishiga qaramay, zaif joylari, tizimida illatlari borligi koʻrsatilmoqda. Demak, Rusiyadek qudratli va makkor saltanat iskanjasidan qutulish mumkin. Mana shu fikr «Taraqqiy»dagi katta-kichik xabarlarni tanlashda ham seziladi. Jumladan, gazetaning 16-sonidagi bir xabarni olaylik. Unda «Tarjumon» gazetasidan quyidagi xabar olib bosilgan: bir matbaaga 20 iyul kuni bir guruh qurolli kishilar bostirib kirishadi va millat majlisi a’zolarining aholiga murojaatini tatar tilida 1200 nusxada chop ettirib chiqib ketishadi. Bu xabar zamirida shunday ma’no bor: Rusiya qudratli davlat deyilsa-da, harakat qilinsa, uning zaif joylarini topish mumkin. Demak, milliy-ozodlik harakatiga bel bogʻlayverish kerak.

«Taraqqiy» oʻsha davrdagi Rusiya davlati amaldorlari haqida ham dadil fikrlar bildira oldi. Jumladan, uning 8 avgust sonidagi «Ma’murlar» sarlavhali maqolasida hozir aksari ma’murlar oʻzlari egallab turgan lavozimlarga salohiyatlari, qobiliyatlari jihatidan loyiq emas. Ularni Davlat dumasiga chaqirib, noyiblar oldida savol-javob vositasida oʻz lavozimlariga loyiq-noloyiqliklarini aniqlash darkor. Ana shundan ­keyingina podshoh ulardan loyiqlarini lavozimlarga tayinlash toʻgʻrisida farmon chiqarishi darkor, deyilgan.

Gazeta oʻrta maktablar islohi boʻyicha butun mamlakatda ketayotgan bahslarga goʻyo aralashgandek boʻlib, mustamlaka oʻlkalarning maktablarida oʻqitish aholining oʻz ona tilida boʻlishi kerak, degan talabni qoʻyadi. Muhimi shundaki, gazeta bu fikrini shunchaki soʻrash, oʻtinish tarzida aytmaydi. Bu mahalliy aholining haq-huquqi deydi. Haq esa berilmaydi, olinadi. Bunday ifodaga katta ma’no, ramz joylangan edi.

«Taraqqiy» shu kabi dadil fikrlari, mahalliy aholining manfaatlarini himoya qilgani, milliy ongini oʻstirishga harakat qilgani uchun mahalliy ziyolilar, umuman, aholi orasida katta obroʻga ega boʻldi. Mustabidlar esa gazetaning har bir sonini katta bir xavfsirash bilan qarshilardi. Vahimaga tushgan ma’murlar missioner, «Turkiston viloyatining gazeti» muharriri N.Ostroumov orqali gazetaga qarshi hujum uyushtirdilar. Tullak Ostroumov esa aholining zaif joylarini yaxshi bilardi. Shu bois u «Taraqqiy»ga qarshi ulamolarni gij-gijladi. Uning gazetasi «Turkiston viloyatining gazeti»da «Taraqqiy»ga qarshi butun bir kurashuvchilar guruhi shakl­landi: deyarli har bir sonida «Mulla», «Mullavachcha» degan turli imzoli kimsalarning demagogiyaga asoslangan, boʻhton aralash zaharli chiqishlari uyushtirildi. Bular, shubhasiz, behudaga qilinmagan edi. «Taraqqiy» gazetasining bor-yoʻgʻi 20 soni chiqdi. 1906 yilning 21 avgustida gazeta tahririyatiga politsiyachilar bostirib kirishadi, tintuv oʻtkazishib, oxirgi, 20-sonini musodara qilishadi, olib ketilgan ashyolar asosida muharririni sudga berishadi. 26 avgustda boʻlgan sud gazetani yopishga, muharririni esa 3 oy qamoq jazosiga hukm qiladi. Soʻng qamoq jazosi uch yillik surgun bilan almashtiriladi. Ilk milliy gazetamiz va uning jasoratli muharririning taqdiri shu tariqa yakun topadi. Lekin xalqimiz gazeta muharririni shunday jasorati, umuman, mahalliy millat oldidagi xizmatlari evaziga «Ismoil Taraqqiy» degan nisba bilan ataydi. Bu turkistonlik mazlum xalq va elatlarning Ismoil Obidiyga boʻlgan katta ehtiromining belgisi edi.

Endi Ismoil Obidiy haqida ikki ogʻiz soʻz. Jasoratli muharrirning hayoti va faoliyati uzoq yillar xalqimizdan, jumladan, jurnalistlardan pinhon tutildi. 1979 yilga kelibgina zahmatkash adabiyotshunos Solih Qosimov Oʻzbekiston Markaziy davlat arxivi materiallari asosida Ismoil Obidiy toʻgʻrisida kattagina maqola yozib, «Guliston» jurnalining oʻsha yilgi 9-, 10-sonlarida e’lon qiladi. Maqola oʻsha davrda katta voqea boʻlgandi. Ayni paytda arxivdagi hujjatlar Obidiyning «Taraqqiy» bilan bogʻliq faoliyatigagina oid boʻlgani uchun uning umuman hayot yoʻli hamon ochiq qolib kelmoqda. Ushbu satrlar muallifi «Taraqqiy» muharriri Ismoil Obidiyning shoʻro qatagʻoniga uchragani haqida ma’lumot olgach, shoʻro maxsus xizmati hujjatlari saqlanadigan arxivdan u haqdagi materiallar bilan tanishib, hanuzgacha koʻpchilikka ma’lum boʻlmagan fakt va ma’lumotlarni olishga muvaffaq boʻldi. Shu tariqa, ilk milliy gazetamizga muharrirlik qilgan insonning hayot yoʻlini tiklash imkoni tugʻildi.

Izmail Eldonovich Gʻabidov (Ismoil Obidiy) 1881 yilning 19 iyunida Gʻarbiy Xitoyning Gʻulja shahrida yirik savdogar oilasida dunyoga kelgan. 1889 yili otasi oʻladi. Togʻasi Rashid Sulaymonov 1890 yili Gʻabidovlar oilasini jiyanlari oʻqishlari uchun Qozonga koʻchirib keltiradi. Ismoil toʻliqsiz oʻrta maktabni tugatib, 1896-1900 yillari Qozondagi real (kasb-hunar) bilim yurtida oʻqiydi. 1901 yili Moskvaga borib, Stroganov nomidagi me’morchilik bilim yurtiga oʻqishga kiradi. Talabalarning inqilobiy harakatlariga qatnashgani uchun 1905 yili Turkistonga surgun qilinadi. «Taraqqiy» gazetasidagi faoliyati uchun dastlab qamoq jazosiga hukm qilinadi. Qamoq jazosi Kapal shaharchasiga uch yillik surgun bilan almashtiriladi. Surgun muddatidan oldin tugaydi. U Gʻuljaga ketib, u yerda uch yil yashaydi. Yana Samarqandga qaytib, 1910 yilgacha rus-xitoy bankida xizmat qilgan. Oʻsha yili Toshkentga kelib rus-poltava bankida ishlaydi. 1913 yil oktyabrida bank tugatilgach, kasaba uyushmasida ishlashga oʻtadi. 1917 yil oxirida soʻl eserlar partiyasiga a’zo boʻlgan. 1918 yil boshida mazkur partiyadan Turkiston hukumati tarkibiga kiritilib, Turkiston Ichki ishlar xalq komissarining oʻrinbosari, koʻp oʻtmay, komissar boʻlgan. Mahalliy aholi orasida rekvizitsiya (mol-mulkni qiymatini toʻlash sharti bilan majburiy ravishda davlat ixtiyoriga olish) amalga oshirilayotganda, 1918 yilning iyunida uni otib, oyoq-qoʻlidan yarador qilishadi. Uzoq davolanadi. Vrach Slonimning tavsiyasiga binoan havo almashtirish maqsadida yana Gʻuljaga ketadi. Chunki u yerda akasi Abdurahmon va opasi Xadicha yashayotgandi. Xitoyliklar uni qamashib, sobiq rus konsuli qoʻliga topshirishadi. Konsul uni ataman Annenkov ixtiyoriga joʻnatadi. Annenkov uning shoʻrolar hukumatida komissar boʻlib ishlaganini bilgach qamab qoʻyadi. Uni otishmoqchi boʻlishadi. Ismoil Obidov bir amallab qamoqdan qochadi. Pasporti boʻlmagani uchun u daydi sifatida ushlanib, Semipalatinsk qamoqxonasiga joʻnatiladi. 1919 yil noyabrida Semipalatinsk qizillar (bolsheviklar) qoʻliga kirgach, u ham ozodlikka chiqadi. Qamoqxonada qizillar bilan yotgani foyda beradi. U Moskvaga ketishga muvaffaq boʻladi. 1920 yili bolsheviklar partiyasiga qabul qilinadi. Moskvada uning opasi Zaynab yashayotgandi. U yerdagi tanishlarining yordami bilan Ismoil Obidov 1920 yilda VKP(b)ning Sharq xalqlari byurosiga ish boshqaruvchi boʻlib joylashadi. 1922 yili esa Tashqi ishlar xalq komissariatida maxsus topshiriqlarni bajaruvchi lavozimiga qabul qilinadi. 1923 yilda uni Turkkomissiya a’zosi Rudzutak Turkistonda birga ishlash uchun taklif qiladi. U rozi boʻlib, Toshkentga keladi va Moliya xalq komissariatida valyuta boshqarmasining boshqaruvchisi boʻlib ishga kiradi. Bir yil ishlagach, Tashqi savdo xalq komissariatiga ishga oʻtadi. 1925 yili u yerdan boʻshab, sanoat kosiblari kasaba uyushmasiga ishga kiradi. U partiya majlislarida qatnashmagani, a’zolik badalini toʻlamagani uchun 1926 yili partiyadan chiqariladi. Shundan soʻng u Qozonga ketadi. U yerda singlisi Robiya yashayotgandi. 1928 yilgacha u Qozon va Moskva banklarida xizmat qiladi. Yana Toshkentga kelib, bir yil sanoat hunarmandlari kasaba ushmasida ishlaydi. Kasalligi tufayli xizmatdan ketadi. Adabiy ijod va oʻqituvchilik bilan shugʻullanadi, tarjimalar qiladi. (Abdulla Qodiriyning «Obid ketmon» asarini rus tiliga tarjima qilgan. Tarjima jarayonida u Qodiriy xonadoniga muttasil kelib turgan). Shoʻrolar davlatiga karshi josuslikda ayblanib, 1938 yilning 23 yanvarida qamoqqa olinadi. Shoʻro maxsus xizmati xodimlari unga qoʻyilgan aybni isbotlay olmaydilar. Chunki bu ayblar soxta, toʻqilgan edi. Shunday boʻlsa-da, uni 1940 yilning 9 fevralida SSSR NKVDsi qoshidagi maxsus kengash ijtimoiy xavfli unsur sifatida besh yilga Krasnoyar oʻlkasiga surgun qilish haqida hukm chiqaradi. Shu bilan uning «Delo»si tugaydi. Keyingi taqdiri yozilmagan.

Ismoil Obidiyning oilaviy hayoti ham sokin oʻtgan deyish qiyin. U Vera Ivanovna degan ayolga uylangach, 1916 yili katta qizi Irina tugʻiladi, kichik qizi Sofya esa 1923 yili dunyoga keladi. 1933 yili u xotinidan ajralgan, uy-joyi boʻlmagani uchun Qibraydagi maktablarning birida yashab yurgan. Shu yerda uni shoʻro maxsus xizmati xodimlari qamoqqa olishgan. Toshkentda yashagan Sofya Izmailovna otasining nomini tiklash uchun shoʻro hokimiyati organlariga ariza bergan, uning oqlanganligi toʻgʻrisidagi hujjatni olishga muvaffaq boʻlgan.

Xulosa tariqasida aytish mumkinki, «Taraqqiy» gazetasi uch oygina faoliyat koʻrsatgan boʻlishiga qaramay, xalqimiz qalbida oʻchmas iz qoldira olgan. U yopilgach, Munavvar qori «Xurshid» degan gazeta nashr qildi, uni ham yopishgach, Abdulla Avloniy «Shuhrat» gazetasini chiqardi. Uni ham taqiqlashgach, «Osiyo», «Samarqand» va boshqa gazetalar chiqdi. «Taraqqiy» boshlagan ish toʻxtab qolmadi. U boshlagan yorqin yoʻl davom ettirildi. Uning sahifalarida orzu qilingan Mustaqillikka xalqimiz XX asr oxirlarida yetib keldi. Bobolarimiz boshlagan muborak ish yillar oʻtib amalga oshdi. Mustaqillikning buyuk ne’matidan bahramand boʻlolmay ketgan istiqlol qahramonlari nomini minnatdor avlodlar doimo qalbining toʻrida asraydi.