OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBoyboʻta Doʻstqorayev
Asar nomiSiynani sanaga almashtirib boʻlmaydi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Boyboʻta Doʻstqorayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm21KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 31-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Siynani sanaga almashtirib boʻlmaydi
Boyboʻta Doʻstqorayev

Keyingi 15-16 yil ichida Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlpon hayoti va ijodini oʻrganish izchil tus oldi. Adabiyotshunoslarimizdan Naim Karimov, Ozod Sharafiddinov, Ibrohim Haqqulov, Sherali Turdiev, Salohiddin Mamajonov, Ninel Vladimirova, Sirojiddin Ahmedov va boshqalar Choʻlpon toʻgʻrisida maqolalar, adabiy portretlar, monografiyalar yaratdilar, adib asarlarini qayta nashr qilishga munosib hissa qoʻshdilar. Bu orada Dilmurod Quronov, Zamira Eshonova, Ulugʻbek Sultonov, Bahrom Roʻzimuhammad singari bir guruh yosh tadqiqotchilar Choʻlpon hayoti va ijodini oʻrganish, asarlarini toʻplash va nashr etish ishiga kelib qoʻshildilar. Shunday harakatlar samarasi sifatida «Bahorni sogʻindim», «Yana oldim sozimni», «Adabiyot nadir», ikki jilddan iborat «Asarlar» (aslida uch jildga moʻljallangandi), «Goʻzal Turkiston» kabi majmualar, toʻplamlar, kitoblar paydo boʻldi. Choʻlpon ijodi boʻyicha doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari yoqlandi va yoqlanmoqda. Bular barchasi adabiyotshunosligimizda «Choʻlponshunoslik» degan soha shakllanganini koʻrsatadi. Bora-bora, u jahon miqyosiga chiqdi. Turkiya, Germaniya, Yaponiya kabi mamlakatlarda Choʻlpon hayoti hamda ijodini oʻrganish yuzasidan ilmiy-tadqiqotlar va matnchilik ishlarining amalga oshirilishi buning isbotidir. Bular, shubhasiz, quvonarli hol. Lekin hayot bir joyda toʻxtab qolmaganidek, choʻlponshunoslik ham tobora taraqqiy etib borayotir, unga yangi-yangi tadqiqotchilar, xususan, yosh izlanuvchilar kirib kelayotir. Yosh tadqiqotchilarning aksari ilmiy izlanishlar olib borishda manba sifatida adibning XX asr 90-yillarida nashr qilingan asarlariga murojaat etadilar. Modomiki ish shunday ekan, mazkur nashrlarning matniy qusurlardan xoli boʻlishi katta ahamiyatga ega.

Ta’kidlash joizki, adib asarlarini qayta nashrga tayyorlash ishlari nihoyatda qisqa fursatlarda amalga oshirilgandi. Buning ustiga, Choʻlpon asarlarining nashri, asosan, matnshunoslik va matnchilikdan tajribasi boʻlmagan kishilar tomonidan amalga oshirildi. Oʻrni kelganda aytish kerakki, yosh tadqiqotchilar zimmasiga olgan mas’uliyatli vazifani asosan halol uddaladilar. Buning uchun ularni har qancha taqdirlasak arziydi. Ayni paytda, zudlik bilan amalga oshiriladigan ishlarda istaymizmi-yoʻqmi, muayyan xato va nuqsonlar oʻtib ketadi. Xususan, Choʻlpon asarlarining koʻp qismi arab yozuvida boʻlgani, ustiga-ustak, ular bosilgan gazeta va jurnallar vaqt oʻtishi bilan sargʻayib, titilib ketgani, oʻz davrida nashr qilinayotgan paytda turli sabablar bilan imloviy va boshqa xatoliklarga yoʻl qoʻyilgani oqibatida hozir qayta nashrga tayyorlanar ekan, toʻgʻri oʻqish qiyinchiligi tugʻilishi tabiiy. Shunga qaramay, Choʻlpon asarlarining xatolardan xoli nashrini tayyorlash adabiyotshunoslarning muhim vazifasi boʻlib turibdi. Aks holda, ijodi favqulodda murakkab davrda kechgan Choʻlpondek adib asarlari boʻyicha tayyorlanadigan ilmiy-tadqiqot ishlari mazmunga, maslakka doir xatolarga yoʻl qoʻyilgan qayta nashr matni asosida olib borilsa, chalkash, qoʻpol va mutlaqo notoʻgʻri xulosalar chiqarilishiga ham olib kelishi mumkin. Fikrimizning dalili sifatida uning bir she’rini (Choʻlpon. Asarlar, 1-jild, 59-bet) olaylik:

Sozim

Nafrat oʻlkasidan hijrat qilganman,
Ulfat diyoriga maskan qurganman,
Yuzimni oʻt emas, gulga burganman;
Samoviy zavqlarga toʻlib turganman
Bulbullar sevgini maqtagan damda!
Chechaklar oʻsgusi koʻz yoshlarimdan,
Boʻgʻinlar ungusi oʻylashlarimdan,
Qalblar yumshagusi sayrashlarimdan;
Sevgi chamanida yayrashlarimdan
Jannatlar yaratgay tashlangan janda!
Tilingan tillarga qon yugurgusi,
Boʻshalgan inlarga jonlar kirgusi,
Tikanli bogʻchalar chechak koʻrgusi,
Haq yoʻli, albatta, bir oʻtilgusi
Jandalar jonimga tekkan kunlarda!..

Bu she’r muayyan voqealardan soʻng Choʻlponda paydo boʻlgan ogʻir his-tuygʻular, aytish mumkinki, iztiroblar ta’sirida tugʻilgan.

Shu jihatdan mazkur she’rni shoirning yurak qoni bilan yozilgan, deyish mumkin. Unda Choʻlponning oʻy-fikrlari, kechinmalari, qarashlarida yuz bergan oʻzgarishlar aks etgan va buni u doʻstlariga, muhiblariga, muxlislariga, hatto muxoliflariga ham bildirib qoʻymoqchi boʻladi. Bu she’r shunchaki oddiy she’r emas, balki adabiyotshunoslar iborasi bilan aytganda, uning gʻoyaviy-estetik kredosini anglatuvchi asardir. Taassufki, matnda bir soʻzning notoʻgʻri yozilishi bilan bu she’rdagi asosiy gʻoya tamomila teskarisiga aylanib ketgan, shoirning anglatmoqni istagan fikri yoʻqqa chiqarilgan. She’rning yozilishi sabablari bilan biroz boʻlsa-da, tanish tadqiqotchi buni, albatta, sezadi.

Daf’atan she’rni oʻqigan kishini oʻylatib qoʻyadigan jihat shuki, Choʻlpon 20-yillarning oxirida shoʻro mafkurachilari tomonidan boshiga tushgan ma’naviy-ruhiy ezishlar ta’sirida 1934 yili «Soz» toʻplamini tayyorlar ekan, ijodidagi gʻoyaviy oʻzgarishlardan muxoliflarini xabardor qilish uchun «Yana oldim sozimni» degan she’r bitadi. Bu tushunarli hol edi. Nega u 20-yillarning oʻrtalarida, aniqrogʻi, 1924 yilning 14 avgustida bunday she’r yozdi ekan? Axir, bu paytda Choʻlpon «suyukli shoir», «adabiyotimizning koʻrimli chechagi» kabi sifatlashlar bilan ulugʻlanayotgan edi-ku! Yoʻq, aynan shu paytlari uning qalbida oʻzligini ostin-ustun qilgan ruhiy kechinmalar mavj urgandi, xuddi shu paytlari uning she’rlarida sezila boshlagan mahzunlik ohangidan doʻstlari tashvishga tushgan boʻlsa, muxoliflari buning uchun shoirga dashnom berishga uringandilar. Bu holning qanday sodir boʻlganini, «Sozim» she’rining qanday vaziyatda yaratilganini anglash uchun oʻsha voqealar silsilasiga bir qur nazar solishga urinib koʻraylik.

... 1917 yil fevral toʻntarishidan soʻng xalqimizning milliy istiqlolga erishuviga Choʻlpondagi qattiq ishonch bolsheviklar hokimiyat tepasiga zoʻrlik bilan kelgan dastlabki paytlari ham soʻnib ulgurmagandi. U har bir tarixiy voqeadan, har qanday harakatdan orzusi amalga oshishi uchun yordam berarmikan, degan ilinjda boʻldi, qandaydir moʻ‘jiza yuz berishini kutib yashadi. Afsuski, moʻ‘jiza roʻy bermadi. XX asrning 20-yillariga kelib siyosiy jihatdan mustahkamlanib, kuch ola boshlagan bolsheviklar milliy zulm ostida ezilib kelgan millatlarning erkinlik, mustaqillik yoʻlidagi harakatlarinigina emas, hatto bu toʻgʻridagi orzularini ham mahv etishga kirishdi. Turkiston, Boshqirdiston, Ukraina, Kavkaz muxtoriyatlarining kuch va tazyiq bilan tugatilganini, milliy istiqlol yoʻlidagi har qanday harakat qonga botirilayotganini koʻrgan Choʻlponni nihoyasiz iztiroblar qiynoqqa soladi, umidsizlikka berilgan onlari koʻp boʻladi. Bu tushkin kayfiyat uning ijodiga ham oʻtishi tabiiy edi. Natijada, «Choʻlpon» qatorida yana bir taxallusi — «Qalandar» paydo boʻladi. Bizningcha, bu taxallus zamirida ikki narsaga ishora bor edi. Biri, qalandarlarning dunyoni kezib haq sari yoʻl izlashlari boʻlsa, ikkinchisi — undagi suvrat va siyratning bir-biriga mutlaqo zid kelish holati. Darvoqe, haqiqiy qalandarning suvrati (jandasi, xirqasi, kafaniysi) ichida, ya’ni siyratida had-hisobsiz ma’naviy javohirlar (ilmu irfon va hokazo ma’rifiy xislatlar) yashirin boʻladi. Choʻlponning «Qalandardek yurub dunyoni kezdim, topmayin yorni, Yana kulbamga qaygʻular, alamlar birla qaytdim-ku» misralarida mazkur atamaning birinchi ma’nosiga ishora bor. «Qalandar» soʻzining ikkinchi ma’nosiga uning shoʻro tuzumi davrida fikrini ochiq aytolmay, uni boshqa suvrat ichida, ramzlar vositasida ifodalagan she’rlari misoldir. Bu shoir «men»ining noiloj ikkiga boʻlinishi edi. «Sozim» she’ridagi «janda» soʻzi ishlatilgan misralarda shu ma’no bilan bogʻliq ishoralar mavjud. «Tilingan tillar» iborasi ham shu ma’noni oydinlashtirishga xizmat qilgan. «Tili tilingan» sayroqi bulbulning ikki xil ovozda navo qilishi tayin. Tepasida komfirqa qilichi xavf solib turgan bechora «bulbul»ning sayrashida ham ikki ohang yuzaga kelishi naqadar foje hol! Bu ham yana oʻsha ikkilik: suvrat va siyrat zidligidir.

Yana bir narsani eslash joiz. 1920 yili Buxoro xalq jumhuriyati (BXJ) tashkil topgach, Vatanining erkin, mustaqil boʻlishini istagan koʻpgina kurashchilar qatori Choʻlpon ham Buxoroga bordi. U yerda «Buxoro axbori» va «Jarchi» gazetalariga muharrirlik qildi. Ijtimoiy faoliyati va badiiy ijodi bilan BXJning qogʻozda emas, amalda mustaqil boʻlishi uchun bor kuch va bilimini ayamadi. Lekin bolsheviklarning temir panjalari u yerda ham barcha narsaga chang solib ulgurgandi. 1922 yilning yanvarida Choʻlponni kasalligi bahonasi bilan gazetalar muharrirligidan boʻshatishadi. Tegishli joylarga «Choʻlpon mazkur gazetalarni millatchilik yoʻliga burib yubordi» degan ma’lumotnoma joʻnatiladi. Uning nomi «qora roʻyxat»larga kiritiladi.

Bolsheviklar nazdida «millatchi» atalmish tavqi la’natga giriftor qilingan shoirni qutqazish uchun doʻstlari yordamga keladilar. Shoʻro idoralarida mas’ul lavozimlarni egallab yurgan doʻsti Abdulhay Toji 1923 yili Choʻlponga «Shoʻro hokimiyati oldida oʻzingni biroz oqlab ol», deydi. Unga Fargʻona vodiysida bosmachilikka qarshi kurash maqsadida tashkil etilayotgan «Darxon» gazetasi tahririyatida birga ishlaylik, degan taklif bilan murojaat qiladi. Hoynahoy, Choʻlpon bu taklifga noiloj rozi boʻlgandir. Negaki, bunday taklifga rozi boʻlish Choʻlpon uchun oʻz orzularidan butunlay voz kechish, mosuvo boʻlish bilan barobar edi. Zotan, har qanday harakatdan, hatto bolsheviklar «bosmachilik» deb badnom etgan qurolli kurashdan ham milliy istiqlol yoʻlida nimanidir kutgan Choʻlpon uchun bu taklifni qabul qilish, shu yoʻlda faoliyat koʻrsatish naqadar iztirobli boʻlganini anglash qiyin emas. U yurakni oʻrtaydigan ana shu iztiroblar ta’sirida «Somon parcha» she’rini yozib, alam bilan «Muhit kuchlik ekan, egdim boʻynimni» degandi. Buni u doʻstlari oldida yuzi shuvut boʻlgan kishidek e’tirof etadi.

Birin-ketin orzulariga darz ketayotganini koʻrgan shoirning she’rlarida beixtiyor alam, iztirob, «koʻz yoshlari»ning in’ikosi koʻrina boshladi. Bu hol ayrim hamkasblarini ajablantirdi. Boshqalari esa, shu munosabat bilan shoirga qandaydir maqsadda ta’na toshlari otishga kirishdilar. Bu munosabatlar oʻsha yillar matbuotida chiqqan she’rlarda oʻz izini qoldirgan. Ulardan ba’zilarini keltiraylik.

Rafiq Moʻminiy degan shoir «Fargʻona» gazetasining 1923 yil 17 mart sonida «Nozli tikilish» she’rini «Fargʻonali shoirimiz «Choʻlpon»gʻa» degan bagʻishlov bilan e’lon qiladi. Unda «Buzilgan oʻlkaga» she’ri uchun Choʻlponga dashnom berishga urinish bor. Oltoyning «Turkiston» gazetasida (1924 yil, 5 avgust) «Maxtanish uchun» sarlavhali she’ri bosilgan. Unda «Xayolda uchqonlargʻa kinoya» degan qayd bor. She’rda Choʻlponga berilmoqchi boʻlgan tanbeh yaqqol koʻrinib turibdi:

Sopqonini otolmagʻon erlarga,
Koʻkragida «kir» saqlagʻon dillarga,
Soʻzlarini aytolmagʻon tillarga
Hovliqishlar, koʻpirishlar kelishmas!
Turmushni, borliqni xayol deb,
Shu turmushdan uzoqlarga qocholmas!
Xayoldagi zavqi bilan yuksak deb,
Kerilishlar, quruq soʻzlar yaramas!

Oʻn sakkiz misrali she’r oxirida Oltoy shunday deydi:

Shu turmushning quchogʻidan ketalmas!
Shu muhitning ta’siridan qutulmas!

Rafiq Moʻminiy «Fargʻona» gazetasining 1923 yil 24 may sonida «Borliqda bir gʻash» sarlavhali she’rini e’lon qiladi. Bu she’r ham Choʻlponga qaratilgandi. U shunday satrlar bilan boshlanadi:

Koʻk yuzida yulduz oʻynar parpirashib,
Goʻklam bilan qaygʻulanib «Choʻlpon» yigʻlar.

Xullas, 16 misrali bu she’rning radifi «yigʻlar» boʻlib, uning har bir bayti Choʻlponni chimdib olishga yoʻnaltirilgandi. Bunday ta’nali, ignali she’rlar oʻsha paytda anchagina yozildi. Mana shu ta’nalar, dashnomlar oqimiga daf berish uchun Choʻlpon «Sozim»ni yozishga majbur boʻladi. She’rida nima uchun uni qaygʻular choʻlgʻaganini anglatgach, istiqboldan umidvorligini ham ifodalab oʻtadi. Yelkasidan tashlangan janda (qalandar kiyimi) jannatlar yaratishini, bunday jandalarga, kiyimlarga yana qancha jonlar (maslakdoshlar) kirishini bildiradi. Afsuski, kiyim soʻzini anglatuvchi «en» («eng») soʻzi asarning qayta nashrida «in» tarzida boʻlib ketganki, bu she’rda shoir ifodalamoqchi boʻlgan fikrni tamomila teskarisiga aylantirib yuborgan. «Boʻshalgan inlarga jonlar kirgusi», «en», «eng»ning kiyim ma’nosini anglatishini deyarli hamma biladi. Xalqimizda «Oʻziga yeng boʻlolmagan oʻzgaga eng boʻlarmidi» degan gap bor. (Agar sinchiklab koʻrilganda, arab yozuvida «i» harfi «alif» va «yo»lar bilan berilishini, «en» soʻzidagi «e» esa, ustiga «hamza» qoʻyilgan «yo» harfi bilan ifodalanishini fahmlash unchalik qiyin emas.)

Ana endi oʻylab koʻraylik, Choʻlpon hayotining, ijodining muhim jihatini anglatuvchi mazkur she’rni tahlil qilmoqchi boʻlgan tadqiqotchi qanday xulosa chiqarishi mumkin?

Oʻrni kelganda shuni aytish lozimki, Choʻlponning «Sozim» she’ri muayyan darajada oʻz vazifasini bajargan. Nima uchun u mahzun misralar bitayotganini doʻstlariga qisman boʻlsa-da, tushuntirolgan. Shoirning 1926 yili nashr etilgan «Tong sirlari» she’riy toʻplamiga muxtasar soʻzboshi yozgan Abdulla Qodiriy Choʻlpon she’rlaridagi «koʻz yoshi» muammosini qisman anglatgan edi. «Ba’zi-bir oʻrtoqlar, — deb yozadi A.Qodiriy, — Choʻlponni yigʻloq shoir deb aybsitadilar. Balki haqlari ham bordir. Chunki uning

Chechaklar oʻsgusi koʻz yoshlarimdan,
Boʻgʻinlar ungusi oʻylashlarimdan... —

deb hasratlanishi bizning koʻz oʻngimizda «yigʻloq» bir shoirni gavdalantiradir.

Biroq shoir shu toʻkkan koʻz yoshlaridan chechaklar oʻstirmoqchi boʻlmasa erdi, biz ham uning moʻ‘tarizlari qatoriga kirgan boʻlur erdik.

Anqov ta’nachilar shoirni ranjitishda mudovamot qiladilar, hatto «Sen koʻk shoiri!» deguchilar ham boʻlib, chorasiz shoir ularga oʻz holidan ochiq javob berishga majbur qoladir:

Siz deysizkim, men koʻklarni oʻylaymen,
Yer betiga sira nazar solmaymen.
Yanglishasiz: men koʻklarga berkingan
Yer qizidan xayolimni olmaymen!

Oʻktabr oʻzgarishi qora tunimizning tongini ottirdi esa-da, bu mudhish kechaning badnom koʻlagalari hamon shoirning yuragini titratadirlar va u chor-nochor yigʻlaydir... Shu yigʻi orqasida barq urib koʻringan erk quyoshi bu koʻz yoshlardan «chechaklar ungusi»ni soʻzlaydir.

Menimcha, «Tong sirlari»da koʻringan koʻz yoshlarining siri shudir».

Choʻlponning muayyan she’rlari, maqolalarida oʻktabr toʻntarishi, shoʻro hokimiyati, qizil bayroq, birinchi may, 7 noyabr kabi shoʻro tuzumining belgi va ramzlari haqida fikrlar bildirilgan. Ma’lumki, Choʻlponning bu belgi va ramzlarga munosabati ijodi, ijtimoiy-ijodiy pozitsiyasi jihatidan printsipial ahamiyatga ega. Shuning uchun bunday asarlarini qayta nashrga tayyorlashda alohida e’tibor berish talab qilinadi. Ulardagi shoir munosabatini anglatuvchi hatto bir soʻz oʻzgarsa, Choʻlpon maslagiga, printsiplariga daxl etilgan boʻladi. Olaylik, adibning «Oʻktabr qizi» degan hikoyasini. (Choʻlpon oʻzi bu asarini «doston» deb atagan.) U «Turkiston» gazetasining 1922 yil 23-sonida e’lon qilingan. Asl nusxada «Vannaycha oʻktabr toʻfoni davrida qullikdan qutulgʻonligʻi uchun oʻktabr qizi edi» degan gap keltirilgan. Qayta nashr qilinganda bu gap «Vannaycha» — oʻktabr tufayli qullikdan qutulgʻonligʻi uchun oʻktabr qizi edi», deb berilgan. Agar diqqat qilinsa, asl matn bilan qayta nashr matnidagi gaplarda oʻktabr toʻntarishiga boʻlgan munosabat bir xil emasligi seziladi. «Tufayli» soʻzida «sharofati bilan» degandek — zikr etilayotgan narsaga, voqeaga nisbatan xayrixohlik ma’nosi aks etgan. Holbuki, hikoyaning asl matnida bunday xayrixohlik sezilmaydi, birmuncha betaraflik ohangi mavjud.

Shoirning Nizomiddin Xoʻjaevga bagʻishlangan «Qizil bayroq» she’rini baholaganda ham, tarixiylik printsipidan kelib chiqish maqsadga muvofiq, deb oʻylaymiz. Negaki, qizil bayroq 1917 yil fevral inqilobidan soʻng hurriyatchilarning bayrogʻi boʻlgan. Toʻntarishdan soʻng oʻtkazilgan namoyishlarda hurriyatchilar qizil bayroq koʻtarib olganlari haqida oʻsha davr gazetalarida yozilgan. Shoʻro davlatining birinchi «prezidenti» Ya.Sverdlovning (vafoti 1919 yil) tashabbusi bilan qizil bayroq rasmiy tarzda yangi davlatning ramziga aylantirilgan. Choʻlpon kimlarning qizil bayrogʻi toʻgʻrisida yozganini teranroq tahlil asosida anglash kerak.

Zikr etilganlardan Choʻlponning maslagi, nuqtai nazari aks etgan asarlarini nashrga tayyorlaganda e’tiborli boʻlib, lirik asarlarini beparvolik bilan tayyorlasa ham boʻlaverar ekan, qabilidagi fikr paydo boʻlmasligi kerak. Choʻlponning muhabbat mavzuida shunday she’rlari borki, ularda soʻz tugul, bitta harf oʻzgarsa, butun mazmunga, fikrga katta ta’sir qilishi mumkin. Fikrimiz isboti uchun bir misol keltirish oʻrinli boʻladi. Shoirning «Raqamlik sevgi» degan she’ri bor. Unda ham boshqa lirik she’rlaridagi kabi oʻziga xos tasvir, obrazlilik mavjud. Taassufki, mazkur she’r qayta nashr etilganda, bir harf oʻzgarishga uchragani tufayli unda ifodalangan fikr butunlay boshqa tus olgan. Ushbu she’r quyidagicha boshlanadi:

Bir va ikki, uch va toʻrt, besh, olti, yetti, sakkiz, oʻn —
Siynalarni yoʻllaringda yastab oʻtsang sen butun.

Qayta nashrga tayyorlanganda, ikkinchi misradagi «siynalarni» soʻzi «sanalarni» boʻlib ketgan. Oqibatda, she’rning mazmuni butunlay oʻzgargan. Shoir yoʻllaringda son-sanoqsiz siynalar — oshiqlar tursa, sen ularni beparvo yastab (ezib) oʻtib ketaversang, shunga qaramay, yana yangi-yangi siynalar yastab oʻtishing uchun yoʻllaringga kelib qator tizilishib tursa, ularni ham ezib oʻtaversang, shundan soʻng koʻnglingda ularga nisbatan bir qizgʻanish — rahm qilish tuygʻusi uygʻonarmikan, deb mahbubaning behad oshiqlari koʻpligini, shundan boʻlsa kerak, oshiqlariga «berahm»ligini, «shafqatsiz»ligini tasvirlaydi. Shunday mazmunga ega she’rdagi bittagina «siyna» soʻzi «sana» boʻlib ketgani uchun she’rning mazmuni tamoman boshqa tusga kirgan. Undan shunday ma’no chiqadi: bir, ikki, uch... yillar tinimsiz birin-ketin oʻtaveradi, sen ularni beparvo yanchib oʻtib ketaverasan, ularga rahming kelmaydimi?! Bizningcha, she’rni nashrga tayyorlashda, uning mazmuni qandayligiga e’tibor berilganda, bu kabi fikriy mantiqsizlikni tushunib olish qiyin boʻlmas edi. Koʻramizki, bir harf oʻzgarishi bilan «qalb», «koʻkrak» ramziy «oshiq» ma’nosini anglatuvchi «siyna» soʻzi «sana»ga aylanib, mazmuniy mushkulliklarni keltirib chiqargan. Bu oddiy beparvolik oqibatidir.

Adib publitsistikasida «Adabiyot nadir» maqolasi alohida oʻrin tutadi. Unda muqaddas dargoh — adabiyot qasriga endigina qadam qoʻyayotgan yosh ijodkorning estetik saviyasi, badiiy asar haqidagi tushunchasi ifoda topgan. Choʻlpon ijodini tadqiq etuvchi har bir ilm muhibi uning bu asariga murojaat qilmay, uni takror va takror oʻqib koʻrmay iloji yoʻq. Shu bois, bunday asar matniy qusurlardan mutlaqo xoli boʻlmogʻi darkor. Afsuski, e’tiborsizlik oqibatimi, ushbu maqolaning qayta nashrida shunday bir gap uchraydi: «Shunga oʻxshash oʻzining shavkat va gʻayrati ila zamonasida butun dunyoni havor va dahshatga solgʻon jahongirlarning oʻtkazgan kunlarin va davrlarin tarixlarda koʻrsa va eshitsa, har kishi yuragida bir botirliq va bir fidokorlik his etar va qahramonona umidlarda boʻlinar». Ushbu gapni oʻqiganda, «havor» soʻzining matnga mos kelmay turganini koʻrib, uning men bilmagan ma’nolari ham bordir, deb lugʻat kitoblarini qarab koʻrdim. Ma’nolari oʻsha-oʻsha! Shunda asl matnga qarab koʻray, degan fikr miyamga urildi. Asliyatda esa, bu soʻz «xavf» ekan. Oddiy bir beparvolik kishini qanchalik chalgʻitadi!

Biz bu maqolada Choʻlponning ayrim asarlarigagina toʻxtaldik. Uning nasriy va dramatik asarlari haqida deyarli soʻz boʻlmadi. Keltirilgan misollarning oʻziyoq Choʻlpon asarlarining matniy xatolardan xoli boʻlmogʻi qanchalik muhim ekanligini koʻrsatib turibdi. Demak, choʻlponshunoslik oldida muhim bir masala turibdi, u ham boʻlsa — adibning toʻla asarlari jildlarini mukammal holda nashr qilishdir. Ehtimol, bu akademik nashr boʻlar, ehtimol boshqa... har holda, atoqli adib asarlarini oʻqiganda, chalkashliklar kelib chiqmasin, ularni tadqiq qilganda, notoʻgʻri xulosalarga kelmaylik.