OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBurkxard Shpinnen
Asar nomiKoʻngildagi ayol (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Olmon adabiyoti
Boʻlimlar
   - Postmodernizm
Mualliflar
   - Burkxard Shpinnen
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonTilavoldi Joʻrayev (Rus tilidan)
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Koʻngildagi ayol (hikoya)
Burkxard Shpinnen

Xastenrat moʻljaldagi ayolni uchrataman deya oʻylanib yura-yura uni may oyida topdi. Mana, hozir ular birin-ketin navbatda, oziq-ovqat doʻkoni kassasi yonida turibdilar. Hali erta boʻlishiga qaramasdan, ayol xuddi shoshayotgandek xarid qilgan narsalari turgan aravacha dastasini tinimsiz chertardi.

Xastenratning koʻzlari unda. Yoshi mabodo kattaroq boʻlmasa, oʻttizlar chamasida, oʻrta boʻy, mallasoch, eri yoʻq. Oʻgʻli sakkiz yoshda. Huquqshunos yordamchisi boʻlib ishlayotgani bois kun boʻyi ishda, yolgʻiz oʻgʻlini esa dugonasinikida qoldiradi. Qaddi-qomatiga gap yoʻq, kelishgan ayol, saranjom-sarishtalikni qadrlaydi, ust-boshlarni farqiga boradi. Yana nima desamikin, Sharqqa – Osiyoga qiziqadi, Tailandda, Birmada boʻlgan, endigi yil Yaponiyaga bormoqchi.

Xastenrat deyarli hech narsa xarid qilgani yoʻq, faqat mayda-chuydalar oldi. Aravachasi deyarli boʻsh, ostki panjarasining u yer-bu yeri ochiq koʻrinib turibdi. Komuflyaj, xayolidan xursand oʻtkazdi u. Shunchaki bahona. Bahonaning nimaligini u tatib koʻrgan. Yaqinda xuddi shunaqangi asnoda sut sotib olgandi, nima qilarini bilmay, icha-icha sutga mukkasidan ketib qoldi. Boʻldi, boshqa gapning hojati yoʻq, vassalom, sut boʻlsa, sut boʻlgandir. Eski gap. Oʻshandan soʻng sut deganni ogʻziga olmaydi.

Ayol yaxshigina narsalar olgan: buzilmaydigan mahsulot va yemishlar. Aslida hayron boʻladigan joyi yoʻq, biroq nima boʻlganda ham yaxshi alomat. Hisob-kitob qilarkan, ayol qoʻlidagi pulni gʻaznachiga uzatdi-yu, sumkasidan tezgina mayda pul chiqardi. Matodan tikilgan kulrang sumkacha. Aravachadagi narsalarni joylashtirib, tekshirgan koʻyi tashqari otlanarkan Xasternat uning shoshayotganini aniq his qildi. Axir oson emas, u yoqda ish, bu yoqda bola. Tashqariga deyarli yugurgandek chiqib ketdi.

Xastenratning pul toʻlash gali. Hisob-kitob qilarkan, u bilan yana ikki kundan keyin uchrashishni koʻngliga tugdi. Ertalab, ishga otlanganda, avtobusda uchrashdi. Darhaqiqat, ayol avtobus ichida ikki roʻbaroʻ oʻrindiqning birida oʻtiribdi. Xastenrat, ayolning koʻzlari tashqarida ekanligidan foydalanib, qarshisiga oʻtirdi va uni kuzata boshladi. Toʻppa-toʻgʻri, yoshi oʻttiz beshlarda bor, malla sochlari yelkasiga tushib turibdi, sochining ayrim joylari sariq kokildek tovlanadi, koʻzlari yashilroq. Oʻng yanogʻida jajjigina tirtiqcha, yoʻq tirtiq emas, ingichga yaltiroq tirtiqcha oʻrni. Chaqaloqligida ota-onasi qoʻlchalarini erkin qoʻygan boʻlsa, tirnagan chogʻi.

Tirtiqcha boʻlsa tirtiqcha-da, shungayam ota goʻri-qozixonami. Hammamiz ham allaqachon bola emasmiz endi. Qancha devorlarga urilmadi bu tilla boshlar.

Ayol keyingi bekatda tushish uchun qoʻzgʻalib, avtobus tugmachasini bosdi. Har holda bugunga shuning oʻzi kifoya, oʻyladi Xastenrat. Ishni pachava qilmaslik kerak. Qushchani choʻchitmaslik lozim. Bil’aks, pir etib uchadi -ketadi.

Oqshom Xastenrat uyi yaqinidagi pivoxonaga yoʻl oldi. Ayol albatta uyda. Bola uzzu-kun uyda, jilla qursa tunda birga boʻlmogʻi lozim. Bekinmachoq oʻynashadi, kitob oʻqib beradi, oʻgʻli ham oʻqishni biladi-yu, baribir-da. Oʻrmondagi qizchaning yovvoyi maxluqotlar bilan gʻaroyib sarguzashtlari haqida. Qizchaning bir doʻsti bor. Xullas, voqea oxiriga yetmagunicha, oʻgʻli uxlamaydi, uxlash u yoqda tursin, kiprik qoqmaydi. Xastenrat pivoxonada roppa-rosa ikki soat oʻtiradi, uch krujka pivo ichadi, choʻchqa eti va pishloq qoʻshilgan baget tanovul qiladi. Uyga qaytib televizorda yangiliklarni koʻradi va oʻrniga choʻziladi. U haqda oʻylay boshlaydi. Huquqshunos yordamchisining lavozim pillapoyasidan koʻtarilishiga imkon yoʻq. Umr boʻyi shundoq qolishi ham mumkin. Arz-dod qilib boʻlmaydi. Turmushi har holda chakki emas. Boshqalarni koʻrib turibdi. Nosqovoqqa nos bormi deb yurganlar qancha.

Kelgusi hafta seshanba kechqurun ayol dugonasi bilan kinoga tushmoqchi, oʻgʻli sinfdoshinikida qoladi. Xastenrat ham chipta buyurib qoʻydi, yoʻlga tushishdan oldin yuvindi, har ehtimolga qarshi soqolini yana qirtishladi. Kinoda odam toʻla, aksiga olib, kino ham uzundan-uzoq, bir yarim soat deganda tanaffus e’lon qilindi. Xastenrat ikki ayolni darhol tanidi, ular ohista unga qarab kelishayotgan edi. Odam koʻpligidan foye tiqilinch, barcha shoshilgancha salqin ichimliklar tomon intilayotgandi. Xastenratning gap ochishi oson kechdi.

Chamasi, ayollar bir filmni muhokama etishardi. Unga yaqin-lasharkan, ayolning tortinib uyalinqirashi anchagina ortdi. Xastenrat buni darhol payqadi, payqadi emas, tanasida his etgandek boʻldi. Rost-da, hademay axir hamma narsa jiddiy tus oladi. Sochini yangicha turmaklabdi. Ahmoqqa ham ayon-ku axir, bu behudaga emas, shunchaki qilinmagan. Fursatdan foydalangan Xastenrat kinodan soʻng biron joyda oʻtirish istagi bormi-yoʻqligini soʻrab oldi. Ayol «mayli» deganda, hatto uning ovozidagi shukuhni ham sezdi. Aksiga olib qurgʻur filmning oxiri yomon tugadi. Uchchovlon bozor tomon miq etmay yoʻl oldilar. Qaxvaxonaga kirib joylashib-netib ulgurmasdanoq, soatiga qaragan ayol dugonasiga uzoq qola olmasligini bildirdi. Xastenrat shoshib qoldi. Nima balo yuz bersa ham, ya’ni bezorilar bostirib kiradimi yoki toʻsatdan yongʻin chiqadimi, ishqilib nima yuz berganda ham vaziyatni oʻnglash lozim. Ichimlik buyurishayotganda ayol choyga moyillik bildirdi. Xastenratning yana boshi qotdi, endi u Osiyo, Yaponiya haqida gapira boshladi, yana nima ham desin?

– Yaponiya? – Xuddi nima haqida gap ketayotganini anglamaganday soʻradi ayol.
– Ha, Yaponiya! – ta’kidladi Xastenrat, qahvaxonada shovqin-suron hukmronligi uchun goʻyo baqirganday. – Ha, ha, Yaponiya, – takrorladi ayol. Haqiqatda Yaponiyaga borish kerak. Borganda ham ikki haftaga.

Chakki emas. Har holda Xastenrat gap uzilmasligiga erishdi. Asosiy mavzudan bir oz chetlashilganiga qaramay, maqsad muhayyo. Avvaliga ayolning dugonasini, soʻng oʻzini biroz kuldirdi. Ayol unga tikildi. Dugonasi xalal bermaganida qoʻlidan tutsa ham boʻlardi. Afsuski, iloj yoʻq. Kim bilsin, oʻylardi Xastenrat, balki bu yaxshilikkadir.

Ayollar ketishdi. Xastenrat qahvaxonada qoldi. Uyi yonidagi yemakxonadagidek katta krujkada pivo buyurdi. Yarim tunda uyiga qaytadi. Bugun may oyi kirgani aniq bilinyapti, xayolidan oʻtkazdi u. Yozda ham tun bunchalik iforli boʻlmaydi. Bu hid chamasi maysazorlar, shahar koʻkalamzorlaridan anqiyapti, fikrladi u. Oʻrmonlardan ham, albatta. Kiraverishda eshikni yopdi. Zinapoyada chiroqni yoqdi, uyiga kirgach, derazani yopishga azm qildi. Ehtiyot boʻlgan ma’qul. Bahorda tong ayozli boʻladi, shivirladi u.

Yana ayolni oʻylab ketdi. Ertadan keyin uning yana ogʻir kuni. Ishning tigʻizligi bois kech qaytadi, oʻgʻli dugonasinikida qoladi. Uni ertasi oʻzi olib qaytadi, maktabiga tashlaydi. Noqulay, biroq na iloj. Dod desa ham, voy desa ham shu. Xastenratga esa navbatdagi ishora: jiddiyroq munosabatga hozirlik koʻr. Shu oʻy-xayol bilan koʻzi ilinadi.

Ikki kun keyin choshgohlarda Xastenrat maktab oldida turibdi. Qoʻngʻiroq chalinadi, bolalar tashqariga oshiqadi; dugonasi esa kech qolmoqda. Xastenrat bolani darhol taniydi. Onasining quyib qoʻygandek nusxasi. Yoʻlakda turibdi, Xastenrat u tomon yuradi. Endi bunday deydi: onang seni olib ketishimni soʻragandi. Bugun bironta qiziqarliroq narsa oʻylaymiz uchchovimiz. Faqat bu senga bogʻliq, nima desang shu, qoʻshib qoʻyadi Xastenrat. Bola balki hayvonot bogʻini xohlar. Juda soz, deydi Xastenrat. A’lo. Aytganing boʻla qolsin. Suyunganidan bola hatto onasini ham soʻramaydi. U bilan chiqaverishda koʻrishamiz, izoh beradi Xastenrat va bola soʻrasa-soʻramasa yana takrorlaydi: xavotir olma, onang bizni chiqaverishda kutadi.

Ilkis Xastenrat ikkilanadi. Balki ikkovlonga, ya’ni Xastenrat va ayolga yolgʻiz qolish ham nasib etib turgandir. Gaplashish. Hatto quchoqlashish. Vaqti-soati ham bitdi. Bundoq qarasa, telefoni jiringlayapti. Bu oʻsha. – Kechagi ish bitmayapti, – deydi u, – yana qancha davom etadi Xudo biladi.– Nadomat chekadi u.
– Chakki boʻldi-ya, – gʻudrandi Xastenrat biroz oʻtgach, – balki yakshanba kuni...?
– Ha-ha, albatta. Agar hech narsa oʻzgarmasa...

Xastenrat uyiga qaytadi. Ish unmadi. Boplab yoʻlini topgan edi. Bola-siz hech narsaning iloji yoʻq. Nima qilardi, Xudoning aytgani boʻladi. Hamma balo oʻzidan, hammasini oʻzi buzdi. Bugun endi uyida oʻtiradi. Yertoʻlaga tushib, u yerni obdon saranjomlaydi, shishalarni katta yashikka, eski-tuskini qopga tiqadi. Uyali telefonni olvolish kerak.

Shu alfoz keyingi kunlar ich-etini yedi, na oʻzini, na boshqani koʻzga ildi. Oʻylamay ish qilib qoʻyishiga ham bir bahya qoldi. Bir emas, yana bir nechta. Ishdan toʻgʻri uyiga joʻnaydi, kim biladi, biron baloga giriftor boʻlmasin tagʻin. Va nihoyat oʻzini tutadigan kun ham keldi. Chorshanba kuni saharmardonda ayolga noma bitdi: nima qilay, bundan buyon sen bilan bunday ketolmayman. Ikkimizning gʻalati, qaltis, tajribani eslatadigan, hech qanday majburiyat bilan bogʻlanmagan munosabatimizni aytmoqchiman. Yoki birga ta’til qilaylik. Yoxud yakshanba kunlari qayoqqadir ketaylik. Uchta aniq taklifni ham keltirdi: Dengiz, togʻ yoki Ovroʻpo poytaxtlaridan biriga borish. Keyin xatni pochta yashigiga tashlab ishga joʻnadi. Uyali telefon kun kechgacha oʻchiq yurgani bois javob kechqurun olinadi. Hayajon degan narsa bosilmaydi.

Hayajon ham behuda emaskan. U Ovroʻpo poytaxtini tanladi. Qay bir poytaxtligini esa Xastenrat hal qiladi. Qanday soz! – ichiga sigʻmasdi u. Faoliyatini mislsiz kuchaytirdi. Haftaning qolgan qismi kutish bilan oʻtdi. Shanba kuni ertalab Parij yoʻnalishidagi poyezd toʻxtaydigan bekatda turibdi. Oyogʻi yonida safarbop jomadon.

Poyezdning kelish vaqti yaqinlashyapti: uch minut toʻxtaydi-yu, joʻnaydi. Xastenrat rosa ikki marta ayolni perrondagi olomon ichida koʻrganday boʻldi, afsuski u emas ekan. U oʻzini aldab, rostdan asabiylashmoqda.

Asosiy narsa hozir bosiqlik. Yoʻlning dastlabki daqiqalari sayohatning qanday kechishini, omad yor boʻladimi-yoʻqmi koʻrsatadi. Hozircha safar xaltadagi narsalarni joylashtirish, u yoq-bu yoqni nazarkarda qilish, vagon restoranini aniqlash: darhol qahva ichish kerakmi-yoʻqmi, shunaqa. Ana shularni chamalab tur. Toki hovuring bosilsin.

Keyin poyezd keladi, u esa yoʻq. Xastenrat sakkizinchi vagonga chiqadi – noumidlik hukmron, fikri sochiq. Jomadoni bilan surib, eshikni yopadi, oʻrindiq suyanchigʻini engashtiradi. Oʻrni boʻsh – roʻparasida u oʻtiribdi. Nahotki, chindan ham oʻsha boʻlsa. Xastenrat hangu mang: na tili bor, na biron narsa qila oladi. Ayolning sochi yana yangicha turmaklangan, sochining rangi qoraroq, boʻyalgan chogʻi, yonogʻidagi tirtiqcha koʻrinmaydi. Unga tabassum hadya etadi. Tabassum-la javob qaytarishdan oʻzga iloj yoʻq. Jomadonni joyiga qoʻyadi, poyezd siljiydi.

Ikkovlon jim. Koʻzlar oynaga qadalgan. Hademay chegara ortda qoladi. Eshik ustidagi tablo aldamasa, poyezd allaqachon maksimal tezlikda. Nigohlaridagi koʻrinish chaqmoqdek uchib oʻtmoqda. Mayda-chuyda shaharchalar boshlanib-netib ulgurmay, zumda ado boʻladi. Tavba, hash-pash deguncha Fransiya. Xastenrat shu haqda gapirganday boʻladi, ayol unga qaraydi. Bosh silkiydi-yu, yana buriladi. Miq etmaganini esa rozilik alomati deyish mumkin.

Parijga bir qadam qolganda oʻrtalarida gap ulandi, bu gal keskinlikdan asar yoʻq – may oyi avjida, – bu ham umidbaxshlik.

Ayol ma’qulladi. Monmatrdagi kichkina mehmonxona, Bulon oʻrmonida, Lyuksemburg bogʻida bahor. Xastenrat mashhur qoʻshiqchi, musavvir, musiqachilarning nomini aytdi. Ayol kuldi, Xastenrat orzu-xayolga choʻmdi.

Toʻsatdan: ana u! – u intiq kutgan nigoh, yuz ifodasi, ovoz, maxsus harakat. Shubha yoʻqki, shu daqiqada uning foydasiga qaror qabul qilindi. Qolganiga gap yoʻq. Soʻz ustiga soʻz quyuladi.
– Parij, – deydi Xastenrat, eng toʻgʻri qaror! – ular toʻppa-toʻgʻri vokzalga kirib kelishmoqda.
– Parij, – dedi Xastenrat, – axir bu sevishganlar shahri, – turib jomadonni oldi.

– Eh, – javob qildi ayol, – sen shunday hisoblasang... – Xastenrat uning yukini ham koʻtardi, poyezddan tushdilar. Vokzal osmoni musaffo. Ular arkadalar boʻylab ketishmoqda, ayol oldinda, Xastenrat orqada. Ilk da’fadagi chorrahada ayol unga oʻgirildi, tabassum hadya qildi. Xastenrat oʻzida yoʻq shod.