OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Charxiy. Qiyolab oʻtdi
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifCharxiy
Asar nomiQiyolab oʻtdi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Charxiy
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotТошкент, “Академнашр”, 2010
Hajm156KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/12/17
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Фарғона Вилоят Ҳокимлиги Маънавият-Маърифат Кенгаши


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Qiyolab oʻtdi
Charxiy

«
Ushbu “Devon” ni tayyorlashda yaqindan yordam bergan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi mas’ul kotibi Enaxon Siddiqova, Charxiy domlaning shogirdlari Komil Joʻra, Anvar Yunus, Abdullatif Turdaliyev, Saydali Odilov va domlaning nabiralari Jahongir Komilovlarga minnatdorchilik bildiramiz.
Tahririyat.
»

Tarjimai Hol

Men Asqarali Charxiy 1900 yil bahorida Qoʻqon shahrining Sarbohodir mahallasida toʻquvchi kosib Hamroali Toʻxtaoxun oʻgʻli oilasida tugʻildim. Dadam Hamroali mening shoir boʻlishimni yoshligimdanoq orzu qilar edi. Chunki otam va onam Muslimabuvi oʻz zamonasining oʻqimishli kishilaridan boʻlgan. Shuning uchun ham otam meni yoshligimdan ibtidoiy yangi usul maktabiga oʻqishga berdi.

Shoiralik qobiliyati boʻlgan onam Muslimabuvini koʻpchilik Muslimbi otin deb ham atar edi. Onam sakkiz yoshimdan she’r yodlash va yozishni ta’lim bera boshladi. Otam esa boʻsh vaqtlarida husnixatni oʻrgata boshladi. Onamdan shoirlikni, otamdan esa husnixatni oʻrgandim. Men 16 yoshimdan boshlab Hofiz Sheroziy, Sa’diy, Bedil gʻazallari bilan tanisha boshladim. Oʻsha vaqtdagi keksa shoirlardan Sulaymonqul Roziy, Mirzoiy Hoʻqandiy va Moʻminjon Maqsadlarga yaqinlashib ulardan she’riyat qoidalarini oʻrgandim. Shoir Maqsad va Mirzoiy Xoʻqandiy hajviy she’rlar yozishda anchagina mohir sohibi qalam edilar. Ularning hajviyotlari meni anchagina oʻziga tortgan edi.

Ota kasbim toʻquvchi boʻlganligi tufayli men oʻzimga Charxiy taxallusini lozim topgan edim. Ijodda Fuzuliy, Furqat, Muqimiylarga ergashdim. Zavqiy bilan tanishishga muyassar boʻldim. Men tugʻilgan vaqtda Furqat va Muqimiylar hali hayot edilar. Muqimiy vafot etganida men 4 yoshda edim. Men shoir degan nomni juda ulugʻ sanar edim. Shuning uchun ham matbuotga uzoq vaqtgacha she’rlarimni bergan emasman. Mening yozgan gʻazallarimni hofizlar bastalab aytishar edilar. Shu tufayli oʻz-oʻzidan xalq orasiga tez tarqalib ketar edi. She’riy mashqlarimni ota kasbim bilan birgalikda kamolotga yetkazishga harakat qildim.

Har bir qalamkashda boʻlganidek, ijodimning boshlangʻich davrlarida she’rlarimda ayrim kamchiliklar boʻlgan. Lekin qalamimni charxlay borib davr uslubiga imkoni boricha moslab puxtalashtira boshladim. Men xalq ichidan chiqqanim, xalqning orzu-istaklarini bilganim uchun, qolaversa, kosib boʻlganim uchun ham xalqqa yaqin asarlar yozishga doim harakat qilib keldim.

Klassik adabiyotimizga hurmat koʻzi bilan qaraganimdan aruz vaznining oʻynoqi, kishi qalbiga tez yetib boruvchi turlaridan ijodiy foydalandim va uni yanada rivojlantirishga intildim. Ayniqsa yoshlikdan nohaqlikka murosasiz boʻlganim vajidan oʻzimda hajviyaga koʻproq mayl sezaman.

Men koʻp yillardan beri Qoʻqondagi Muqimiy muzeyida ilmiy xodim boʻlib ishlab kelaman. Muqimiyning adabiy merosini tiklashda, uni avaylab saqlashda, e’lon qilinmagan bir qancha gʻazallarini xalqqa taqdim qilishda qoʻlimdan kelgancha xizmat qildim.

1956 yildan beri Oʻzbekiston Yozuvchilar soyuzining a’zosiman.

Charxiy. 28 may, 1965 yil.


Debocha

Shukr etaman, shukr shirin hol uchun,
Ushbu ulugʻ davrada iqbol uchun.
Hur bu zamon vasfida oyu yilim,
Madhin ado etgali ojiz tilim.
Chunki men oʻtmishni kichik shohidi,
Balki varaqlarda raqam shohidi.
Erdi u kun bir alami ignadan,
Oʻtgan,azob ignasi har siynadan.
Qay kuni nur sochdi yorugʻ oftob,
Tutdi vafo bayrogʻini inqilob,
Dilga-yu elga ulashib teng huquq,
Mehnatu fikrga berib keng huquq,
Boʻldi muyassar bu farovon hayot,
Baxt samosida yozib keng qanot.
Men ham olib erk nuridan, ong, shuur,
Yetdi hayotimga halovat, huzur.
Boʻlmadi Furqatga bu davron nasib,
Ketdi nadomatda Muqimiy gʻarib
Zavqiy zamon koxishidan dogʻ boʻlib,
Rohatidan kulfati koʻprogʻ boʻlib,
Keldi yetib yaxshi bu kunlarga, lek-
Qoʻymadi jallod yovuzlar tirik.
Ona sutin totdim, otam tuzlarin,
Amriga boʻysundim, olib soʻzlarin.
Voyaga yetdim, oʻqidim men savod-
Boʻldi gʻazal mashqiyu, goh kasb yod.
Tushdi havas gʻulgʻulasi qalb aro,
Gʻulgʻula ermasdi u chin muddao.
Gohi fikr choʻqqisiga yetgudek,
Gohi boʻlur jon uzilib ketgudek,
Gohida tutqizmasa misra uchun,
Koʻrsatadi shunda tabiat kuchin.
Ba’zi damning fayzi qishing yoz qilur,
Ba’zida ilhom parisi noz qilur.
Kim oʻzicha topdi kamolot deng,
Mindi-yu maydonda chopar ot deng.
Bilguchi uztoz kerak, jon kerak,
Jon bilimi, unga shu darmon kerak.
Kimning esa shugʻli shirin bir kitob,
Unda suxan gavharidir behisob.
Kimning agar boʻlsa bisoti gʻarib,
Paxta solur har kuni bir agʻdarib,
Mehr qoʻyar kasbiga kimki bu dam,
Zoyi qoʻyarmu hunar ixlosi ham.
Kasbu kamoloti-la kim bor ekan,
Baxt unga hamdam, abadiy yor ekan.
Qanchaki yozsang bu koʻngil yozilur,
Xuddi qish ayyomi ketib yoz boʻlur.
Qancha nihol bogʻiga bogʻbon ekar,
Mehnat etib mevasiga koʻz tikar.
Jondek avaylab, pishirib, soz etib,
Hosilidan elni sarafroz etib,
Asrab ilingay ketirib xoniga,
Ta’mi shirin mevani mehmoniga.
Ishlasa gʻayrat ila dehqon agar,
Donasi durdona boʻlur bexatar.
Ahli qalamlarni mirishkori ham,
Mehnati-la safhaga chekkay raqam.
Gul teribon nasr gulistonidan,
Nazm qilurlar toʻla imkonidan.
Dil tubidan ma’ni muqarrar sochar,
Nasrida ham nazmida gavhar sochar.
Har qa-yu ijodchi hunarda boʻlak,
U biri atlas toʻqigay, bu alak,
Boʻz toʻqisa, birlari kimxob toʻqur,
Biri juvoldoʻz-la qoʻlqop toʻqur.
Har kishi ham sepda bisotin yozur,
Bilsa gʻazal, bilmasa otin yozur.
Ba’zilarin soʻzi-la sozi shirin,
Ba’zilarin sozini ozi shirin.
Ba’zilari usta buzarmon boʻlur,
Ba’zi buzarmonni tuzarmon boʻlur.
Kosib agar burmasa qirgʻogʻini,
Qadriga yetgay oʻrish-arqogʻini.
Men demadim barchadan afzal ishim,
Boʻlmadi, afsus, mukammal ishim.
Boʻlsa-da yuzdan biri maqbuli om,
Baxtli sanardim men oʻzimni mudom
Topgan oʻzin ahliga gul keltirur,
Yoʻqsa xijolatli koʻngil keltirur.
Xullasi: kim bilganicha soz etar,
Har qush oʻzin kifti-la parvoz etar.
Boʻldi yarim asr umr yoʻldoshim,
Doʻstlik, ahillik ila yetmish yoshim.

Gʻazallar

Muruvvat Birla

Muruvvat birla, yorim, yoʻqlasang bir vasl bogʻingga,
Qaro zulfing kabi koʻnglim qushi tashlar oyogʻingga.
Muattar sochlaring har tori bir oshiqning zanjiri,
Biri maftun jamolingga, biri sadqa dudogʻingga.
Qachonkim bir boqib guldek visoling shavqida yondim,
Gʻizo istab ilingan qush kabi tushdim tuzogʻingga.
Yaqindan bilmasang ham xasta holimni vafoparvar,
Uzoqdan loaqal shafqat bilan olgin quchogʻingga.
Men oʻldim rashkdan, sen noz ila etding yiroq oʻzni,
Adabdanmu yaqin kelsa labing xoli yonogʻingga?
Gʻubor oluda bir moʻy tori zulfingdan yiroq oʻlsin,
Tararda ehtiyot boʻl, tegmasin oltin tarogʻingga,
Vujudim kuysa ne tong, Charx urib parvonadek har dam,
Koʻngil talpinsa netsun, nozanin, husni chirogʻingga?

Choy Tutdi Bir Piyola

Oshiq esang jahonda, chekma alamli nola,
Chunki alamli nola qoldirmasin uvola.
Gul sayri gul arolab yurgan edim chamanda,
Koʻz koʻrdi, vola boʻldim bir husni bemisola.
Koʻngilda iztirobim oshdi yana koʻray deb,
Daryo kabi xayolim mavj urdi chun shalola.
Baxtim kulib berib u bir lahza yonidan joy,
Burkab yuzin hayo dan, choy tutdi bir piyola.
Aytdim: ”Qayu chamanning eng toza bir gulisan,
Oʻxshar qading nihola, ikki qoshing hilola”.
Aytdiki: ”Men xazonsiz saodat yuldiziman,
Faslida gul ochilgay, soʻngra yetar zavola.”.
Etdi koʻngilni maftun bu ma’naviy jamoli,
Hay-hay, na xush takallum, odobi yaxshi bola.
Iqbolu baxtin oʻylab koʻngil xazinasidan
Yaxshi tilaklarim bor iffatli oyjamola.
“Tut dilda, - dedi, - pinhon ishqu muhabbatingni”
Charxiy, nadur javobing bunday shirin savola?

Koʻnglim Yaqin

Koʻngil yaqin nigorim, ammo oʻzim uzoqda,
Kelmas koʻzimga uyqu har kecha ishtiyoqda.
Agʻyora boʻlma moyil, boʻlgil soʻzimga qoyil,
Ahdingni qilma zoyil, tashlab meni yiroqda.
Jon erdi resha-resha, kilding karamni pesha,
Ikki koʻzim hamisha parvonadek chiroqda.
Koʻrsat yuzingni barno, husning qilay tamosho,
Qosh oʻsma qoʻysa, ammo soch dardidur taroqda.
Yorimning ishvasidan, nozu karashmasidan,
Kelmoqqa va’dasidan ogʻzim bu kun quloqda.
Charxiy misoli bulbul shaydosi bir qizil gul,
Ming marta arzimasmu aylansa ushbu bogʻda.
1951 yil.


Gul Dasta-Dasta

Qadding, ey nozanin, guldasta-dasta,
Jamoling koʻrgali olam havasda.
Binafsha kokiling boʻyiga shaydo,
Sanubar qaddu shamshodingga basta.
Yarashgan qomati zebolaringga
Taralgan qora soching rasta-rasta.
Javohirmu tishing yo durru gavhar,
Tamannoyi labing Rumu Adasda.
Meni koʻnglum seni yoding-la xursand,
Raqib ahli itobingdin shikasta.
Chaman bulbullari yodingda sayrab,
Seni deb qolmagay qumri qafasda.
Muhabbat otashi har kimda boʻlmas,
Boʻlur Majnun kabi Layliparastda.
Qachonkim Charxiy vaslingdan ichib may,
Erurman to bu dam mastu alastda.
1927 yil.


Ishq Dargohida Maqbul

Bir nafaslik tinch hayotim eng ulugʻ fursat menga,
Har minut zavqi-quvonchim, baxt har soat menga.
Yor sochidek uzun tunlarda xobim kim desun,
Vasl oqshomida koʻz yummak emas rohat menga.
Yoridan quvlandi boʻlganlar, menga.kelmang yaqin,
Ishq dargohida maqbul-dard eli ulfat menga.
Fitnadan, oluda ishrat bogʻidan yoʻq hosilim,
Bogʻu rogʻimdir-tikansiz gul-shirin suhbat menga,
Jismi jon torojiga yetganda nafsning lashkari,
Qudratim qalqoni toʻssa, yetmagay zahmat menga.
Har nechuk nokasga hargiz gardanim xam boʻlmagay,
Chunki bu ta’limni oʻrgatgan halol mehnat menga.
Fildimogʻ ayshi-la xursandlardin olmasman saboq,
Tinchimas mehnatda botir-moʻr ham ibrat menga,
El nazargohidan ayrilmoq erur koʻp xorlik,
Yaxshilarning davrasida boʻlmogʻim-davlat menga.
Charx gardundan balanddir himmatim me’roji ham,
Qahramon xalqimni shonu shuhrati shuhrat menga.

Munosib

Koʻngil ganjasiga jon munosib,
Erur har jonga bir jonon munosib.
Hayolim motami hijronda qolmish,
Najot istarga sen-sulton munosib.
Xirom etganda zebo qomatiga,
Muhabbat shavqi-la javlon munosib.
Demasman rozi dil ifsho eturga,
Kesa bedard, beunvon munosib.
Talab etsa murodni oshiq ahli,
Muruvvat ahlidan ehson munosib.
Koʻngil sanduqida koʻpdur havaslar,
Bayon aylarga bir devon munosib.
Desalar munisi Charxiy boʻlurga,
Fasohat bobida Davron munosib.

Ey Yuzi Nur

Ey yuzi nur silsilai oftob,
Ey koʻzi xummor, labi shahodnob,
Qaysi chaman gullari sendek harir?
Qaysi pari sen kabi olijanob?
Necha sanamlarki yuzing shavqida
Koʻrmoq uchun bagʻri boʻlibdir kabob.
Soʻzga ketir labni tabassum bilan,
Tortmasin ortiqcha dilim iztirob.
Tanga yeturgay yangi jon boqishing,
Tashlama mehringga jafodan hijob.
Ne desam andin yana sen yaxshiroq,
Sensan umidim yoritur mohitob.
Qahr ila sindirma koʻngil koʻzgusin,
Oʻz uyini hech kishi qilmas xarob.
Harna deding arz ila, ul nozanin,
Charxiy, savolingga berurmi javob.
1969 yil.


Yoshlik

Esizki, yoshlik oʻtib, sochlarimga tushdi qirov,
Yigitlik avji ketib keksalikda qoldi sinov.
Yiroq-yiroqqa boqib koʻzlarim toʻyub-toʻymay,
Uzoq-uzoq safarim otiga urildi jilov.
Qimorxona ishq ichra necha yil yurdum,
Koʻngil olur kishiga jonu dilni tikdim dov.
Gʻayur iroda tifli yoʻlimda har agʻyor,
Kuyub oʻzin oʻtida mahv boʻldi bir necha yov.
Gahi dilimda muhabbat alangasi tutoshib,
Ne soʻz demayki, figʻonim toʻsolmadi hech gʻov.
Birov boqib menga xolis silardi peshonam,
Birovga chin soʻzim aytsam, tilimga soldi gʻarov.
Ulugʻlar oldida odob bilan edim xomush,
Birov dedi bu na odam, birov dedi bu soqov.
Madad tilab necha ustozlarimni xizmatida,
Saqol shupurgi va ikki qoʻlim boʻlurdi kosov,
Hayot nash’asining lazzati shu deb bildim,
Yamon sogʻinmasa, jabr etmasa birovgv birov.
Bu bir fasona, demang, soʻzlarimni, farzandlar
Gʻururi nafs ila solmang shirin umrga egov.
Hamisha xush, bu damingdur gʻanimat, ey Charxiy,
Masalki, keksalik illat, yigitlik umri olov.

Istasang

Ista doʻstingning rizosin, chin qadrdon istasang,
Jonni ol, ranjitma jonni, mehribon jon istasang.
Ranjigan koʻngil binosi qayta bunyod boʻlmagay,
Xoru hasdan toza qil, pokiza boʻston istasang.
Bir masal: shoʻra zaminga sochma hosil tuxmini,
Yerning sen shoʻrini yuv, bagʻridan don istasang.
Bogʻlasang dil arzigay oʻz mehribon dildoringga,
Jon qushin har shox uza qoʻndirma, vijdon istasang.
Boʻl chiroyligu va lekin bevafolar hamdami,
Kunda yuz jabru jafo, ming xil pushaymon istasang.
Makriga aldanma, nozi yuz pushaymon keltirur,
Mard esang qadringni bil sen, ahdu paymon istasang.
Yaxshilarning yori Charxiy , xasta dillar marhami –
Boʻl jahonda to abad, nomingga doston istasang.

Chashmi Xumoringdan Sening

Men oʻrgilay, ey nozanin, chashmi xumoringdan sening,
Chashmi xumoringdan sening, nomusi oringdan sening.
Fikri xayolim sen bilan, shirin maqolim sen bilan,
Olmaysan aslo bir xabar, bu intizoringdan sening.
Sayrim visoling bogʻida, gul gʻunchasin yaprogʻida,
Paydo u nopaydoligim, koʻzguda boringdan sening.
Oʻylab seni paymonlarim yonimda yurgan onlaring,
Koʻnglim hamisha shod erur, ahdu qaroringdan sening.
Bogʻ ichra ungan loladan, la’ling tamannosi bilan,
Kasb ayladi oliy yashin, gul-gul uzoringdan sening.
Gar tushda koʻrsam qomating, uygʻotmasin derman sabo,
Kasb aylasam boʻyi vafo, kulgan bahoringdan sening.
Charxiy visoling bogʻida, sayr etsa gul yaprogʻida,
Koʻnglin qushi ajralmagay hech ixtiyoringdan sening.

Davronimiz Obod

Yangi yilimiz shavqi bilan hamma koʻngil shod, boʻstonimiz obod,
Har safhada xush mazmun ila yangicha ijod, dostonimiz obod.
Nur sochdi ilm-ma’rifat, el barcha bilimdon, mohir qizu oʻgʻlon,
Dildori shirin, yori shirin bizning hur avlod, vijdonimiz obod,
Bizning bu vatan xalqi ahil, bir tanu bor jon, bir oila har on,
Turmush juda ham sozu farovon, hamma ozod, har onimiz obod.
Mehnatda, sadoqatda vatanparvar elim bor, dilda ne gʻamim bor,
Choʻl sahni chaman, dasht esa bogʻ, konimiz obod, maydonimiz obod.
Oʻzgardi yaqin fursataro koʻcha, guzarlar, qishlogʻu shaharlar,
Gulzori goʻzal, bogʻi goʻzal yangicha bunyod, dehqonimiz obod,
Yer kurrasidan aylanib olamni kezar nur fan moʻ’jizamizdir,
Dushman kuyadir ,doʻstlarimiz shod, gʻami barbod osmonimiz obod.
Respublikamiz to abadiy marraga yetsin, sovgʻasi oq oltin,
Bu tuhfa-Vatan tuhfasi, oʻlmang bari sherzod, xirmonimiz obod.
Har millat oʻzin erki-la oʻz toʻyida kuylar, toʻy ustiga toʻylar.
Mehmonisiz uy toʻrida, mezbon esa dilshod, xonamiz obod.
Doʻstlar, koʻtaring doʻstligimiz ahdi uchun jom, yetdi ulugʻ ayyom,
Yangi tilagu, orzu-havaslarni qilib yod, davronimiz obod.

Sharmu

Yaxshilarning xoki poyidur koʻzumga toʻtiyo,
Boqsalar shoyad menga ham marhamatdin bir qiyo.
Xushsuxan hoziq davolar soʻz bilan bemorini,
Doru boʻlgandek siniq har ustuxonga moʻmiyo.
Soʻzi jonparvar, adolatpesha doʻstlar oʻlmasin,
Begʻaraz, benoz, beminnat vujudi kimiyo.
Bahramand boʻlmoqligimni boisi ham shundakim,
Chun ular simoyi ruhafzo, charogʻi purziyo.
Xalqgʻa manzur, fikri maqbul muhtaram inson degan
Boʻlmagay koʻnglida illat, koru borida riyo.
Koʻnmagay hosilga yer, dildan gʻuborin yuvmasang,
Unmagay hech shoʻr tufrogʻ ustida hidli giyoh.
Ey koʻngil, oliy fazilat ahlidin fayz istading,
Boʻlma endi suratorolarga hargiz mahliyo,
Charxiyo, oʻzlukni mahkam tut vafo maydonida,
Eng ulugʻliq odamiyat sha’nida sharmu hayo.

Muhtoj

Koʻngil bir iltifoti yora muhtoj,
Oshib shavqin oʻti dildora muhtoj.
Bahor ayyomi bulbul zavq birlan
Koʻray deb bir guli gulzora muhtoj.
Qachon ul gʻuncha aylar deb tabassum,
Tili lolu dili sadpora muhtoj.
Koʻngil koʻzgusida vaslin umidi,
Yana men ul koʻzi xummora muhtoj.
Koʻzi bemori mushtoqi men, ul ham
Meni bemora boʻlsa zora muhtoj.
Yomon koʻzdan hamisha saqlagay deb,
Xayoli birla men ovora muhtoj.
Na hikmat ishq dargohida, Charxiy,
Hamisha oshiqi bechora muhtoj.
1921 yil.


Gʻaraz-Maraz

Dunyoda eng zararli ilondur gʻaraz-maraz,
Inson vabosi koʻhna qazondur gʻaraz-maraz.
Ming tepki yeb, sira oʻziga kelmagan kishin,
Boʻgʻzigacha fasod ila kondir gʻaraz-maraz.
Boshin qashib, bir ozgina hasratni boshlagay,
Soʻz boshi-yu oyogʻi tikandur gʻaraz-maraz.
Gʻoʻngʻillashin birov dedi vangʻ pashsha singari,
Ari desam , zaharli zabondur gʻaraz-maraz.
Yo katta bir dovonki, ishlamoqqa jon kerak,
Irgʻib chiqarga ancha osondur gʻaraz-maraz.
Yuz marta suv urilsa, qasam urgani shumish,
Yoʻq-yoʻq, buringi eski piyondur gʻaraz-maraz.
Rakdek tomirga oʻrnagani oʻrnagan koʻring,
Doim oʻlik, tirigi tovondur gʻaraz-maraz.
Gajjak qilib dumini turishi, ta’zimi emish,
Toʻqqiz boʻgʻinli xuddi chayondir gʻaraz-maraz.
Sichqon kabi yalab tuzingiz, dardni yuqtirar,
Bu koʻrnamakni siri nihondir, gʻaraz-maraz,
Bir begunohni makri tuzoqqa ilintirib,
Juftak otib qochishda quyondir gʻaraz-maraz.
Oʻq yeb toʻqayda, ochu nahor topmayin tegin,
Gangib kelar xatarli qobondur gʻaraz-maraz.
Moʻltoni jodugar u garazgoʻy vatangado,
Boʻhtonchi, sharmisor, falondur gʻaraz-maraz.
Shunday gʻarazli yot kishilardan deng alhazar,
Loyga ilashtirurga somondur gʻaraz-maraz.
1974 yil.


Mahallamiz (Navroʻz Bayrami Munosabati Bilan)

Bizning shaharda hurmati chandon mahallamiz,
El ittifoq, qadri qadrdon mahallamiz.
Gulshan bahor kelib yana navroʻz olami,
Har koʻchayu goʻzar yuzi alvon mahallamiz.
Har ishda bir tafakkuru hamkoru mashvarat
El dardiga davo kabi darmon mahallamiz.
Chunki fasodu tuhmatu igʻvoga yoʻq oʻrin,
Mehnat muhabbati bilan xandon mahallamiz.
Eski udumni yangicha odat bilan tuzib
Yangi oʻrnida eskini darxon mahallamiz.
Ortuqcha oshu non zarang salla qozilar
Isrof bu deb xoʻb ayladi gumdon mahallamiz.
Toʻy-u azaning sarfiga ham chek qoʻydilar
Ming ofarin qarori har on mahallamiz.
Yuqtirmay mahallaga hech gard, hech gʻubor
Yosh navqiron yigitlari posbon mahallamiz.
Uylar sarishta hovlilar ozoda kam hasham
Ozodalikda “Bogʻ ila boʻston” mahallamiz.
Ibrat olishsa arzigulik har mahallalar
Mezbon bu kunda ertaga mehmon mahallamiz.
Navroʻz bilan yasandi zaminu zamon bu kun
Navroʻz bilan tamom guliston mahallamiz.
Men bor yutuqni aytdimu kim kamchilikni der
Etmay keyingi kunda pushaymon mahallamiz.
Doʻstlar uchun hamisha omonlik tilaklarim,
Doʻstlik tufayli bari gʻazalxon mahallamiz.
Gʻamxoʻr xamisha davlatimiz halqqa mehribon
Sal-pal madad berilsa guliston mahallamiz.

Navoiyga

Ey, muhtaram ustoz Navoiy, dilu jonsiz,
Maqbuli, zamonsiz.
Siz koʻzu koʻngillarga ziyobaxsh chu xurshid,
olamga ayonsiz.
Ne had menga kim ta’rifi ijodingiz etmoq.
Til lol, qalam ojiz.
Soʻz ramzi fasohatda, balogʻatda ajoyib,
El mehriga konsiz.
Farhod koʻrib koʻzguda Shirinni bar a’lo,
Boʻlmish edi shaydo,
Soʻz boli bilan aylagan ushshoqini shirin,
Chun ahdi zabonsiz.
Majnunga berib mehru sadoqatni kamolin,
Koʻrganda jamolin
Layliga vafo rasmini oʻrgatgan, azizim,
Ustoz, har onsiz,
Qushlar tilidan zavqu safo yetkuzib, hay-hay,
Bechoraga chora,
Zulm ahliga aylagan, ey, xomasi shamshir,
Bir oʻtli bayonsiz,
Tahsinlar oʻqir nazm ila nasringizga olam,
Qoyil hamma dunyo,
Ijodi aruz silsilayi ma’nida yakto,
Xush ta’biy ravonsiz.
Orzularingiz barchasi davrimda muhayyo,
Qurdik yangi dunyo,
Dil toʻrida kim saqlanajak yodingiz har dam,
Ey, nur fishonsiz.
Charxiy qoʻlidir, koʻksida ta’zim ila sizga.
Bu mehr kitobim,
Biz birla mudom siz abadiy sogʻu omonsiz,
To bor jahon siz.

Mehnat – Baxt

Bizda mehnat baxt ham inson aziz,
Chunki inson qalbida vijdon aziz.
Yaxshi dehqon zoye etmas hosilin,
Nobud etmay yigʻsa u dehqon aziz.
Yerga sochgan rizq erur bir dona don,
Shul sababdan deydilar, bir don aziz.
Parvarishlar bogʻini har bogʻbon,
Bir koʻchat undirsa shu imkon aziz.
Saqlasa koʻz gavharidek mehr ila
Bogʻining tuprogʻini, bogʻbon aziz.
Nozu ne’matlarni isrof etmagan
Xonadon ahlida boʻlgay non aziz.
Turmasa oʻz haddida har bir kishi,
Boʻlmagay mezbon uchun mehmon aziz.
Charxiy, bogʻingni tikandan saqlagil,
Xorsiz gulshan aziz, davron aziz.
1950 yil.


Bahor Taronalari

Bahor keldi mavsumlarning tannozi,
Mehnat shavqi bilan xursandlik yozi.
Yoz tongini koʻring subhi sodiqdek,
Tun zulmati ketib, ortdi bayozi.
Darichadan quyosh nurin sochganda
Soʻnar ekan asta qishning ayozi.
Qushlar qanotini rostlab uchmoqda,
Uyasida tugab bergan pardozi.
Vodiylarda hayot qaynar buloqdek,
Fazolarda fazogirlar parvozi.
Bu chamanning fayzi, soʻlim havosi,
Doʻstlar yori chin dilni dilnavozi.
Parvarishdan gullar gulchi qoʻlida,
Turfa rangda jilva berar mijozi.
Avval safda binafsha gul olur joy,
Soʻngra chiqar sarvu sumbullar sozi.
Bir qatorda rayhon etsa namoyish,
Jambul davoman deb yarashur nozi.
Togʻda yuksak Vatanimga xalqimning
Mehru muhabbatu hurmat e’zozi.
Bu mavsumni Charxiy qadrin oʻtkazmay,
Gashtin surar mehnat ahlin shavvozi.

Davrimiz

Davrimiz davri qahramon boʻldi,
Hamma dillarda doston boʻldi.
Topdi oʻz qadrini bugun inson,
Ya’ni haqqoniyat ayon boʻldi.
Koʻp asrli umidimiz tonggi,
Yorishib yangi boʻston boʻldi.
Yangi bogʻlarga yangi sohibkor,
Yangidan-yangi bogʻbon boʻldi.
Moʻlu-koʻl nozu ne’mati alvon
Shira-yu sharbat onchunon boʻldi.
Yeru el baxti toabad boqiy
Bexatar tarixiy zamon boʻldi.
Qaqragan choʻl yuzi hayot suvidan,
Gulu gavhar oʻnar makon boʻldi.
U kun tashnalab biyobonlar,
Bugun obi hayotga kon boʻldi.
Endi koʻhna xarobalar oʻrni
Hashamatli gul oshiyon boʻldi.
Ulgʻayib navqiron aziz yoshlar
Kelajak yoʻlda karvon boʻldi.
Togʻni bir zarb ila qilur talqon,
Sherdil, mard pahlavon boʻldi.
Yangidan-yangi moʻ’jizoti bilan
Shuhrati avji osmon boʻldi.
Mehnat ahli berib qoʻlin qoʻlga,
Begʻaraz doʻstu jonajon boʻldi.
Yana ham dongʻimiz jahon boʻylab,
Dovrugʻin umri jovidon boʻldi.
Mahrum erdik ulumi fanlardan
Ilm oʻqib hamma komron boʻldi.
U kun koʻrmagan ota, oʻgʻli
Bugun alloma-yu, zamon boʻldi.
Achchiq-achchiq zamona zahri soʻnib,
Endi hamma shirin zabon boʻldi.
Oshib oʻlkam chiroyi kundan-kun,
Xusni oyinayi jahon boʻldi.
Charxiy davrin hayot tantanasi
Hamma ellarda doston boʻldi.

Shu Hur Zamon Tufayli

Doʻstlar, soʻzim kamoli shu hur zamon tufayli,
Baxtimning yoʻq zavoli shu hur zamon tufayli.
Doʻst birla el hayoti, doʻst birla keng qanoti,
Doʻst ahdin ehtiyoti shu hur zamon tufayli.
Doʻst mehridir bir olam, tinch olamu tinch odam,
Doʻstlik kuchi muazzam shu hur zamon tufayli.
Doʻst qalbi toza gulshan, doʻstlar chirogʻi ravshan,
Doʻstlik safi muayyan shu hur zamon tufayli.
Yoshlar bari bilimdon, yoshlar yurakka darmon,
Zabtida yeru osmon shu hur zamon tufayli.
Ozod elim ayoli, nurlar sochar jamoli,
Mehnatda yoʻq misoli shu hur zamon tufayli.
Shuhrat-la navqironlar, mehnatda qahramonlar,
Hassos, shirin zabonlar shu hur zamon tufayli.
Bogʻbonda nozu ne’mat, dehqonda zar ziroat,
Moʻl hosilu sahovat shu hur zamon tufayli.
Omborda donimiz ham, tandirda nonimiz ham,
Tinch tanda jonimiz ham shu hur zamon tufayli.
Charxiy hamisha vola bu davri bemisola,
Yoʻq endi ohu nola shu hur zamon tufayli.

Qutlugʻ Anjuman (Mushoira)

Jaxonda dong taratib ahli ilmu fan qoladi,
Aziz guliston aro qutlugʻ anjuman qoladi.
Nafosat ahli yasatgan goʻzal Vatan ichra,
Laziz hayot bezagi gul ochib chaman qoladi.
Tamomi safsatalar yoʻq bulib bu yer yuzida,
Shirin xayol ila har bir shirin suxan qoladi.
Elim muhabbati jumbush urar yuraklarda,
Tilakda ezgu niyatla shukuhu sha’i qoladi.
Kezishda umri oʻtib hech turarga joy topmay,
Vatan sotarlar agar oʻlsa bekafan qoladi.
Adab izidan oʻzin kim chiqarsa – u mal’un,
Na shumning nomi qolur, na satang chapan qoladi.
Birov agar senga qotsa zaharli til birla soʻz,
Asablaringga mudom sanchilib tikan qoladi.
Sinashda tizgin tuzib hurkishib qochar otlar,
Uloqni yoppa qilib kishnagan saman qoladi.
Amalni pesha etib kim otini qamchilasa,
Taraq-turuq arava ham chuvuq chetan qoladi.
Shifo suvin xoʻb ichib, paykal ichra xom ketma,
Shirinlik sha’nin olib, tilda kalhasan1 qoladi.
Chapak-chapakka yetib, xalq oʻqir ekan olqish,
Sharafli davraga mos har chevar, chechan qoladi.
Gʻaliz tarona, suyuq soʻz bari varaqdan oʻchib
Yurakda oʻtli kalom, tilda shoʻx oʻlan qoladi.
Kamoli faxri baland Charxiy yonida Komil,
Bu yurtda usta-shogird hurmati bilan qoladi.
1968 yil.
1-Kalhasan – qovun nomi.


Zamona Ramzi

Har bir ramz dilimdan dilga nishona ramzi
Har bir koʻngil koʻngilni topsa bahona ramzi
Yor sochiga koʻyib bosh kim arzu holin aytur,
Bu nav mubtaloliq shamshod shona ramzi.
Garchi navoda bulbul doston saroliq aylar,
Gulda haqiqiy mazmun, unda fasona ramzi.
Har gulni ishtiyoqi bir oʻzga olam ersa,
Har pardaning navosi mungli tarona ramzi
Nechun ilinmasin kim jonlar qushi u gulga.
Har bir tabassum ichra bor domu dona ramzi.
Bogʻ oshiyonim oʻlmish bir umr yastanurman,
Zavqu muhabbatim ham bu ostona ramzi.
Charxiy qayonga boqsang, yor aksini koʻrursan,
Har dam visola eltar qutlugʻ zamona ramzi.
1965 yil.

Imkon Qani

Yor sensiz turmogʻim olam aro imkon qani,
Sen bilan oʻtgan bu umrim ichra dey armon qani.
Arsai olamni kezdim koʻrmadim bir men kabi
Husn mulkida adolatli ulugʻ sulton qani.
Sen oʻzingdur mehribonim, oʻzga yor dargohida
Xoni lutfidan sochilgan biz uchun bir don qani.
Quvvatim, tanga madorim bir nafas yod etmading,
Jismi zorim oʻrtanur bir lahzacha darmon qani.
Dogʻ etar koʻksimni naylay gohi beparvoligʻing
Yoʻqsa sendek nozparvar rahm etar jonon qani.
Sendin oʻzga yor zulfin domi boru doni yoʻq,
Mendin oʻzga senga jonin xadya etgan jon qani.
Men kabi kuyingda boʻlgan rangi roʻyi za’faron
Sen kabi koni malohat, yuzlari shirmon qani.
Umrlar mendan balo toʻfonida gʻam chekmagan
Asrlar qalbimda sendek bir aziz mehmon qani.
Charxiyo, boʻlma malul hargiz muxabbat yoʻlida
Ishq toʻgʻyon ursa afgʻon chekmagan inson qani.
1927 yil.
Arsai olam - yer yuzi, butun olam


Fargʻonalik Ogʻayni

Respublikam madori fargʻonalik ogʻayni,
Dongdori paxtakori fargʻonalik ogʻayni.
Ishlab halol koʻngildan gavhar oʻnibdi choʻldan,
Sur’atni berma qoʻldan fargʻonalik ogʻayni.
Rahmatga yor sizlar chevar terimchi qizlar,
Jon birla teng bu kezlar fargʻonalik ogʻayni.
Maydonda nurli siyna, paxta terar mashina,
Koʻzlarga gardi surma fargʻonalik ogʻayni.
Texnikamizni bori halqimizni dastyori,
Kolxozchilar madori fargʻonalik ogʻayni.
Bu yilgi paxta hosil shaksiz plan toʻlar yil,
Ayla ishingni qoyil fargʻonalik ogʻayni.
Imkon tamomi mavjud hosilni jon bilan tut,
Qilma grammni nobud fargʻonalik ogʻayni.
Paxta vujudi kimyo, barq urdi dashtu-sahro,
Paxta Vatanga sovgʻo fargʻonalik ogʻayni.
Qaynar bulogʻi hamda qaynarda paxta qaynar,
Yashnar chiroy a’lo fargʻonalik ogʻayni.
Hikmat bulogʻi shundan koʻngil chirogʻi shundan,
Qaymogʻi, yogʻi shundan fargʻonalik ogʻayni.
Gavharni yerga toʻkmang, hosil belini bukmang,
Xushyor buling, choʻkmang fargʻonalik ogʻayni.
Hosil zari shu yerdan, baxt gavhari shu yerdan,
Oʻngan bari shu yerdan fargʻonalik ogʻayni.
Oltin toʻking uyiga, bosh toʻn piching boʻyiga,
Respublikam toʻyiga fargʻonalik ogʻayni.

Yaxshimi?

Farzand oʻgʻilmi, qizchami barnosi yaxshimi?
Yoki bilimda, xulqda zebosi yaxshimi?
Dono aqlni tanlasa, nodon kezib degay:
Koʻzing xumori yaxshimi, shahlosi yaxshimi?
Albatta, har kishiga aziz nuridiydalar,
Xulqin bajosi yaxshimi, bejosi yaxshimi?
Maktabda intizomli bola yaxshiroqmi yo,
Beintizomi, dangasa, rasvosi yaxshimi?
Har bir bilimni, ya’ni ikki yoʻl bahosi bor,
Ikki bahosi yaxshimi, a’losi yaxshimi?
Bir qiz tugʻilsa ismi talash, ota-ona der:
Laylo tuzukmi yoki u Zuhrosi yaxshimi?
Hech bir jarangli nom ila topmas sharaf kishi,
Nomi ulugʻ, yurak toʻla igʻvosi yaxshimi?
Haddan ziyod zeb berish, oʻylang, durustmikan?
Oddiy libosu ma’naviy orosi yaxshimi?
Yoʻq bir havasga intilish orzusi kimda yoʻq:
Nasya behish mi, naqd muhayyosi yaxshimi?
Ish bitguncha biqinda mudom ba’i doʻstlar,
Bitgach, ishi biqinga otar yosi yaxshimi?
Charxiy, gʻazali ulfating e’zozi sozmidur,
Yoki haqiqiy doʻstlaring ixlosi yaxshimi?

Doʻstlarni Kuta-Kuta

Kutib siz azizlar, qovurilib goʻsht yogʻlar qoldi,
Takalluflar huvillab surpada oʻqlogʻlar qoldi.
Xabar bir kimsadin yetsa, yetardi boshim osmonga,
Peshayvon soganimcha hangu-mang peshtoqlar qoldi.
Yozilgancha shikoyat aylabon sizlarni dasturxon,
Ogʻiz ochgancha pista, gʻuldirab yongʻoqlar qoldi.
Besh-olti qatlama dardi bilan bozor kezib olgan
Ajoyib doʻlta chiqmas bir chinni qaymoqlar qoldi.
Nishoni oqibat erdi azizlarning ziyorati,
Muqimiy birla Zavqiy, Nisbatiy mushtoqlar qoldi.
Bizningdek “oqibatli” doʻstlar sha’niga deb yozgan,
Navoiy, Jomiylar merosi avroqlar qoldi.
Birov harna malomat etsa, parvoyi palakdurmen,
Kim aydi u burungi chin oʻrish, arqogʻlar qoldi.
Birov suvchiga muncha oʻrta yer koʻlob, deb aytmas,
Necha yillarki suvga tashnalab qirgʻoqlar qoldi.
Qoqilgandan raqiblar poʻstagin bozori joʻndamroq,
Sidirgʻa narxi tushgan poʻstini yargʻoqlar qoldi.
Koʻngul bu muntazirlik birla bad qilding, xato qilding,
Ajabkim, sen boʻyin choʻzgan oʻshal yantogʻlar qoldi.
Muqimiy dekchasida mehr ila osh damlayin desam,
Qozondan yogʻ sachrab koʻksim uzra dogʻlar qoldi.
Uzoqdan ta’na etmang, Charxiy, majnunona va’zing deb,
Arodan ketdi necha doʻst biz oʻrtoqlar qoldi.
1970 yil.


Olam Saodati

Nozik qadding chiroyi – bu gulshan latofati,
Ohu koʻzing karashmasi olam saodati.
Ochildi har chaman guli husning bahoridan,
Bulbulni ham taronasi fayzing sharofati.
Kun koʻzlaringga volayu, oy ham yuzingga dogʻ,
Koʻz manzariga muncha yaqindir masofati?
Lutfing charogʻi mehr ila qalbimga sochsa nur,
Qahring solur raqib eliga ming nadomati.
Yoding yurakka quvvatu, zikring tanimga jon,
Mamnun etar hamisha jamoling ziyofati.
Charxiy vafoli yoringga joningni qil nisor,
Ma’shuq irodasiga teng oshiq itoati.
1930 yil.


Sen Vatanning Kuch-Madori

(nabiramga)
Ey, Hafiz senga salomim,
Bu salom dilporasi.
Sen farovon gulshanimda
Charx urar sayyorasi.
Sen-elu yurtim madori,
Men ham el parvonasi.
Sen vatanning xizmatida,
Men-gʻazal ovorasi.
Sen –chamanzorimda bulbul,
Men uning bogʻbonidir,
Men senga bobopadarman,
Sen koʻzimning qorasi.
Jonu dil birla Vatanga
Mehr qoʻy, mardona boʻl!
Jon bolam, hech boʻlmasin
Qalbingni zarra yorasi.
Zohiran koʻzdan uzoqsan
Ey koʻzimning ravshani.
Ma’nida ammo yaqindir
Ikki koʻngil orasi.
Sogʻ boʻl, doim omon boʻl,
Sen Vatanga posbon.
Chunki bu baxtli zamonning
Sen bu gavhar porasi.

Toʻy

Toʻy ekan xayotning zebu ziynati,
Farovon davrimiz ramzi, xikmati.
Toʻy shodlik xamisha, jamuljam doʻstlar,
Xushchaqchogʻ xayotning shonu shavkati.
Ulgʻaysin, yashasin aziz farzandlar,
Kelajak mevasi porloq qudrati.
Tugʻilgan kunini nishonlash ya’ni,
Umrni qadrlash ulugʻ fursati.
Toʻyimiz toʻriga ey, aziz doʻstlar,
Tashrif buyurgaysiz taklif xurmati.

Yaxshi

Gar kelsa maqom, soʻzlasa soʻz xonasi yaxshi,
Har xonaning oʻz koʻzlari mastonasi yaxshi.
Begona koʻngil sha’mining atrofida yurma,
Bu hur vatanim sham’ini parvonasi yaxshi.
Dil berma, umid etma sira nasya vafoga,
Soʻz naqdi xazinangdagi durdonasi yaxshi.
Men mast hayot nash’asidan soqiyi davron,
Davrimning aziz ulfatu mayxonasi yaxshi.
Yurt tinch, elim shod, farovon bu hayoting,
Har manzilining yangicha koshonasi yaxshi.
Kim oʻsdi, buyuk tarbiyadan topdi sharaf-shon,
Kimning bolasi yaxshi, ota-onasi yaxshi.
Yaxshi hama joy, halqi xususan shinavanda,
Charxiyga Qoʻqon, markazi Fargʻonasi yaxshi.

Muhabbatnoma

Yoʻqdir armoni kishining boʻlsa sendek dilbari,
Mehriboni ham vafodori, muruvvatparvari.
Faslida bogʻu chamanni sayr etsang, dilbarim,
Sochilur, qoʻysang qadam, gulshanda mushku anbari.
Tunlari xobimda, kunduzlar koʻzimda jilvagar
Doimo mehring sening ketmas xayolimdan nari.
Kayfi xushmen, istamaymen bodayu mayxonani,
Boda kayfidan buyukroqdir soʻzingning shakkari.
Ishq vodiysini dil sen rahnamosiz kezmagay,
Yoʻldan ozgʻay har kishi yoʻq boʻlsa ishqning rahbari.
1926 yil.


Qiyolab Oʻtdi

Tong chogʻi sarvi nozim asta qiyolab oʻtdi,
Tushgach koʻzi koʻzimga ta’zim bajolab oʻtdi,
Ta’zimiga egib bosh hurmat ishora qilsam,
Mastona koʻz uchida sharmu hayolab oʻtdi.
Sunbulni boʻyi tarqab olam muattar oʻldi,
Sochi magar chamandin gulni arolab oʻtdi.
Koʻz erdi intizori koʻrmakka zor koʻngil,
Koʻrsatdi oy jamolin qalbim jilolab oʻtdi.
Duch kelsa shum raqiblar, agʻyor benasiblar
Qahru itobi birlan bagʻrin yarolab oʻtdi.
Bir zumda koʻzdan uchdi, goʻyo falakni quchdi,
Yo gul uni yashirdi, yokim havolab oʻtdi.
Ishq olamida, Charxiy, sabringga ofarin deb,
Nozik tabassum-ila ishqim baholab oʻtdi.
1964 yil.


Shaydosi Men

Shaydosi men orazi chamanni,
Sen gʻuncha misol gulbadanni.
Shirin labing oldida netarman,
May sharbati, bazmi anjumanni
Inson koʻzi koʻrmadi seningdek,
Bir koni hayo, shirin suxanni.
Sahroyi xijolat ichra qoʻydi,
Soching boʻyi nofai xoʻjanni.
Zanjiri muhabbatingdadirman,
Nozing bila kesma bu rasanni.
Sensiz, goʻzalim, yorugʻ jahonda
Naylay bu aziz jonu tanni.
Da’voyi nazokat aylamas gul,
Koʻrgach seni-gʻunchapirohanni.
Lutfing bilan endi sarfaroz et,
Charxiy kabi shoiri Vatanni.

Baxtli Inson

Baxtli inson shuhrati olamda pinhon boʻlmagay,
Yaxshilardan yuz oʻgirgan baxtli inson boʻlmagay.
Rasta-rasta gul bilan yurting chiroyin soz qil,
Bahayo gul boʻyini tarqatma, boʻston boʻlmagay.
Ziynati husning erur axloqu odobing sening,
Loladan rang qarz olib sangreza marjon boʻlmagay.
Tarbiyat bogʻida oʻsding, ulgʻayib topding kamol,
Parvarishsiz bogʻu sahrolar ugliston boʻlmagay.
Bemashaqqat kim koʻribdur muddao oyinasin,
Mehnatin to qoyil etmay mardi maydon boʻlmagay.
Charxiyo oʻz haddi mezoning bilib qoʻysang qadam,
Oftobi tole’ing abr ichra pinhon boʻlmagay.

Netay

(Qarovsiz qolgan chorva mollarning ferma mudirlari ustidan shikoyati)
Chorva mudir qiyosi yoʻq, boqmasa boqmasin netay,
Va’dasiga vafosi yoʻq, boqmasa boqmasin netay.
Yozda yalang havodamiz, chillada koʻp navodamiz,
Bu akamiz navosi yoʻq, boqmasa boqmasin netay,
Ignacha bir teshik esa, der tuyadek sovuq oʻtar,
Tuynugin intihosi yoʻq, boqmasa boqmasin netay.
Bitta ogʻilda qirq teshik, ilma-teshik bori eshik,
Qishda issiq havosi yoʻq, boqmasa boqmasin netay,
Qiyshayishib u yon oʻtar, iljayishib buyon oʻtar,
Koʻz oqi bor, qarosi yoʻq, boqmasa boqmasin netay.
Yogʻ ila goʻshtni indamay, oq sutimizning hurmatin,
Oqlash uchun rizosi yoʻq, boqmasa boqmasin netay.
Bir-birimiz iyaklashib, suv ichamiz koʻmaklashib,
Bizga tuzuk binosi yoʻq, boqmasa boqmasin netay.
Bizga yemu silos qani? Bir xil alaf yemak bilan
Nechamiz ishtahosi yoʻq, boqmasa boqmasin netay.
Rostiga yurmasa kishi, va’daga boʻlmasa vafo,
Ushbu kasal davosi yoʻq, boqmasa boqmasin netay.
Har taraf oʻt, peichan, alaf, oʻr meni deb, turar qarab,
Oʻrgali yo asosi yoʻq, boqmasa boqmasin netay.
Bitgan ishing jilosi bor, bitmasa bir balosi bor,
Dema kazo-kazosi yoʻq, boqmasa boqmasin netay.
1963 y.


Qoʻqon Loyi

Kimda qasding bor Qoʻqonda, hoy loy,
Olti oy chang boʻlsa, olti oy loy.
Yoʻqmi imkon? Tosh tashib toʻksa shagʻal
Yogʻsa yomgʻir, qor erib soy-soy loy.
Koʻcha nam tortmay turib topsak iloj,
Yaxshi boʻlgay erdi, boʻlmay joy loy.
Hoʻl botinka ostidan kelgan sado,
Shovqinidir karnayu surnay, loy.
Bir bola loydan oʻtay, deb sakradi,
Sip-silliqdan turolmas poy, loy.
Bir bola loydan oʻtay, deb sakradi,
Tushdi qoʻldan boʻldi nonu, choy loy.
Qolgan ishga qor yogʻar, deb bor maqol,
Soʻnggi yil kelganda der boy-boy loy.
Charxiy, kim koʻrsa Muqimiy koʻchasin,
Derlar, ahvolingga yuz ming voy loy.
1962 yil.


Aroqvoy

Ichma, davosi qursin bu hoʻl balo aroqvoy,
Insonning ofati-chun kelgan vabo aroqvoy.
Bir qultum ibtidosi, yoʻq soʻngra intihosi,
Qancha koʻpaysa nuqson, shunga rizo aroqvoy.
Xilvatda soʻfi ichgay, kimlar toʻnini yechgay,
Aldab baloga boshlar bu beibo aroqvoy.
Koʻrsatsa ming karomat zinhor ishonma, doʻstim,
Boʻlsin agar xizrdir yo avliyo, aroqvoy.
Salqinda soqi aylar, oftobda qoqi aylar,
Goʻshtni shilib suyakdan etgay pano aroqvoy.
Doru demang, bu-ogʻu, labga tomizmayin suv,
Gʻassol uyini izlar, etmay qazo aroqvoy.
Koʻzdan olib ziyoni, yuzdan olib hayoni,
Tutqizmayin qoʻyarmu senga aso aroqvoy.
“Zubrovka”ga ogʻayni, “persovka”ga qarindosh,
Kon'yakka qayni ila boʻlmish tagʻo aroqvoy.
Charxiy, havosi qursin, kayfu safosi qursin,
Ichma, davosi qursin, bu hoʻl balo aroqvoy.

Yodlar Zamon, Muqimiy,

Ozod Vatanda noming yodlar zamon, Muqimiy,
Tilga olib kaloming yodlar zamon, Muqimiy.
Ul davr ishchi-dehqon, mehnatda zoru-nolon,
Deb kuylading olib jon, yodlar zamon, Muqimiy.
Zulm ahlini qilib tang, tanqiding erdi nayzang,
Bu otashin satirang yodlar zamon, Muqimiy.
Xalqingga hikmatingni, hajvingda jur’atingni,
Hurmat bilan xatingni yodlar zamon, Muqimiy.
Baxtli zamon yoʻl ochib, keldi nurini sochib,
Dil dardi ketdi qochib, yodlar zamon, Muqimiy.
Istab butun haqiqat, chekding azob va mehnat
Endi yetib bu farosat yodlar zamon, Muqimiy.
Tun-kun zafar nishona, bizning zamon-zamona,
She’ring qilib tarona, yodlar zamon, Muqimiy.
Ozod eling muzaffar, orzularing muyassar,
Yillar yana muqarrar yodlar zamon, Muqimiy.
Furqat ketib koʻyingda, Zavqiy oʻtib oʻyingda,
Charxiy bugun toʻyingda, yodlar zamon, Muqimiy.
1953 yil, sentabr'.


Jonajon Zamon Ila

Siz navqiron koʻngilni gul ochgan bahorisiz,
Har bir shirin bayon ila Quddus Muhammadiy.
Siz hamnafas hamisha bahorni xazoni yoʻq,
Bu bogʻu boʻston ila Quddus Muhammadiy.
Ilmu odobning sohibisiz, topdingiz kamol,
Siz jonajon zamon ila Quddus Muhammadiy.
Qaynar yurak bulogʻida she’ru hokoyangiz,
Haddin shirin zabon ila Quddus Muhammadiy.
Fayzu fazilat ila yasangan vujudingiz,
Topgan koʻp imtihon ila Quddus Muhammadiy.
Oshdi necha dovonni, yana bahs etar kuchi,
Nazmi baland dovon ila Quddus Muhammadiy.
Oynadin tiniq bari she’riy ifodangiz,
Qolmas koʻngil gumon ila Quddus Muhammadiy.
Qaysi koʻngilni olsa soʻzingiz nishonaga,
Aylar qabul u jon ila Quddus Muhammadiy.
Ijodingizning ravnaqi topsin yana rivoj,
Koʻp yashnasin jahon ila Quddus Muhammadiy!
Oltmish bahorga teng, yana oltmish bahor qoʻshib
Umr oʻtkazing xayon ila Quddus Muhammadiy.
Bir kamtarinu ta’bi baland, va’zi xokisor,
Yoʻqdur ishi fason ila Quddus Muhammadiy.
Keng davramizni bulbuli, manzurisiz har on,
Koʻp qissai doston ila Quddus Muhammadiy.
Charxiy tilar umid ila yillar yana yashang,
Sogʻu sihat, omon ila Quddus Muhammadiy!

Oʻrgilay

Mushku anbar hidli sochi sunbulingdan oʻrgilay,
Husni gulzoringda sayrar bulbulingdan oʻrgilay.
Lola rang egningda koʻylak, qirmizi boshda roʻmol,
Taqqan oltin soating doʻndiq qoʻlingdan oʻrgilay.
Tim qora stchingni belga tashlabon kelsang netar,
Halqa-halqa ikki haylar kokilingdan oʻrgilay.
Muncha ham shirin zaboning, mahliqolar sarvari,
Tanga chngi jon ato qilgan tilingdan oʻrgilay.
Sen qadam qoʻyding oʻshal kun boʻldi sahrolar chaman,
Rang-barang bogʻingda ochilgan gulingdan oʻrgilay.
Doʻstlar koʻrganda derlar yor manzilgohini,
Charxiyo, bu gulshanafzo manzilingdan oʻrgilay.
1926 yil.


Yaxshi Tilak

Yaxshi niyat-la muyassar boʻldi har yaxshi tilak,
Ranjimas,hech kimni ranjitmas musaffo har yurak.
Dilga sayqal ber hamisha mehnating shavqi bilan,
Qish gʻuborin tor-mor etgan kabi oltun kurak.
Jonu jahding-la bilim ol ma’rifat boʻstonidin,
Yoshligʻing ketgach nadomat birla qolma bujmalak.
Yoz damin oʻtkarsa gʻaflat birla dehqon oqibat,
Na urugʻ, na hosil olgʻay bong urib yetsa kuzak.
Beriyozat rutbai oliyga intilmoq nadur,
Tut bilan qomat talashdi, mevasiz qoldi terak.
Oʻz-oʻzingga, kasbi-koringga baho bermakni qoʻy,
Zarni misdan ajratur ustod bir zargar kerak.
Pilladek Charxiy qozonda xoʻb pishib, xush tola ber,
Begʻashu belos chiqarkan toza tortilgan ipak.

Doʻstimga Maktub

Sobiro, salomingdan chehra soz erur koʻngil,
Zavqli payomingdan sarafroz erur koʻngil.
Ofarinki, bergan sen soʻz ila suxan dodin,
Ya’ni nutqi tomingdan shod boz erur koʻngil.
Band ekan muhabbat koʻp senga, naylayin, doʻstim,
Goho ersa sendan shod, goh aroz erur koʻngil.
Chunki kaj xayoliml-la uzlat ixtiyor etsam,
Goh asiri bir shoʻx sarvinoz erur koʻngil.
Umr agar vafo etsa, shulki niyatim har choq,
Doʻstlarim visoli ila bas daroz erur koʻngil.
Garchi mubtalodirman kishvari muhabbatdan,
Lek komildir imonim, pokboz erur koʻngil.
Kecha mahfilim ravshan, kunduz oftobimdan,
Har damim charogʻonu dilnavoz erur koʻngil.
Bosh egish oʻlim nomard oldida, hayotim bor,
Sarniguni boʻlmasdan balki gʻoz erur koʻngil.
Sobiro, payomingdan charxlandi ilhomim,
Navbahori she’ringdan qayta yoz erur koʻngil.
1940 yil.


Vafo Sevarim

Qani-qani meni ul dilbarim, vafo sevarim,
Qani-qani nazarim koʻzgusida jilvagarim?
Falak-falakka yetar bir nigohidin boshim,
Yurak-yurak ezilur yodida butun jigarim.
Kutub-kutib qadamin gardiga koʻzim mushtoq,
Oʻtub-oʻtub ketib erur bu bir bahonalarim.
Qarab-qarab necha kunlar yoʻliga boqmogʻdin,
Ajab-ajabki, oqardi besh-oʻnta moʻyi sarim.
Yutub-yutub alamin, ta’nai raqibdan, oʻzum –
Tutub-tutub, yana yodi bilan qochar xatarim.
Tutab-tugab ketamen ishq alangasi birlan,
Chidab-chidab turamen norida turub nazarim.
Tarab-tarab qora zulfin kiyib qaro qunduz,
Oʻrab-oʻrab kelar oydek yuzini ishvagarim.
Takallumi menga jon baxsh etar malohatidin,
Tabassumi aslimdur, kalomi nayshakarim.
Hayo-hayoli qarash sirlarin yozib sharhin,
Qaro-qaro koʻzini vasf etish netay hunarim.
Agar oʻgursa yuzin doʻst, bir gunohing bor,
Yugur-yugur deb edi rahmatiy mening padarim.
U nozaninni qaro sochlarin xayoli bilan,
Kecham munavvar oʻlub, Charxiyo, oʻtar saharim.

Mehnat Dedim

Ey koʻngil, baxtu saodat, ne deding, mehnat dedim,
Mehnating zavq bersa odat, ne deding, rohat dedim.
Har fazilat kasbi zahmatsiz boʻlurmi dastgir,
Boʻlmasa tanda riyozat, ne deding, illat dedim.
Yuzdagi husnu tarovat, koʻzdagi mehrigiyo
Soʻzdagi lutfu fasohat, nededing, hurmat dedim.
Egrilik isnodi insonga, razolatdan dalil,
Toʻgʻri yoʻlga chin dalolat, ne deding, shafqat dedim.
Badgumon dildan shirinlik topmadim deb ranjima,
Shoʻru zax yerdan ziroat, ne deding, ofat dedim.
Har yomonu yaxshi yoʻlga boshlagan oʻz xohishing,
Bu ikki ma’noda hikmat, ne deding, ulfat dedim.
Kibru manmanlik bilan toʻlgan koʻngul yor oʻlmagʻay,
Kamtarin doʻsting-la suhbat ne deding, davlat dedim.
Aytdi donolar gʻanimat, har daming, har soating,
Bu aziz umr ichra qimmat, ne deding, fursat dedim.
Bahralansin donishingdan begʻaraz toliblaring,
Lekin ogʻir yuk nihoyat, ne deding, minnat dedim.
Charxiy, boshingni emas, qalbingni rost aylab gapir,
Senga bu mazmun ishorat, ne deding, ibrat dedim.
1968 yil.


Topdim

Chamanda sayr qildim, bogʻ aro nash’u namo topdim,
Bu gulshan bulbuliga joʻr boʻlib men ham navo topdim.
Kezib gulzorni gullar ichra yolgʻiz boʻlmadim bir dam,
Koʻgil mehriga payvand doʻstu yori oshno topdim.
Qoʻnib qalbim qushi gul shohiga sayrardi bulbuldek,
Uning madhin oʻqib man shavq ila dostonsaro topdim.
Banogoh qoʻzu koʻnglim sarv ila sunbulga bir boqqach,
Xayolimga tushib yor zulfi boʻyi dilrabo topdim.
Tikib bir nuqtaga umr oʻtdi bu savdo nechukdir deb,
Lab uzra xolidan soʻrdim dedi: «Mehrigiyo topdim!»
Bu mujda jonu dilga otashin mehrin ayon etgach,
Visol zavqiga toʻldim, Charxiyo, chin muddao topdim.

Fargʻonam

Omon boʻl oriyatli mard elim dongdor Fargʻonam,
Halol mehnat tufayli shuhrating bisyor Fargʻonam.
Mashaqqat birla kunlarni ulab tunlarga hosil deb,
Yigit-qiz mijja qoqmay ishladi bedor Fargʻonam.
Terib durdonalarni mehrila qilmay gramm nobud,
Vatanga armugʻon ayladi tayyor Fargʻonam.
Plan yuz boʻldi yuzlar ravshan oʻlmang qahramon sherlar,
Hijolat teri yoʻq endi, yorugʻ diydor Fargʻonam.
Xususan texnika dehqon uchun doim madadkor u,
Shuningchun bel baquvvat ham toʻkis roʻzgʻor Fargʻonam.
Zarafshon suv “oq oltin” durlari dunyoga mashhur kim,
Oqin soy tashna qolmas mavj urar anhor Fargʻonam.
Sening madhingni qancha yozsam arzir to hayotim bor,
Unutmas Charxiy farzanding, seni zinhor Fargʻonam.

Bad Qildim, Xato Qildim

(Bir mansabparast,ishdan haydalgan tekinxoʻr qilmishlariga pushaymon birla bu gʻazalni oʻqidi)
Ayo doʻstlar, bugun zinhor bad qildim, xato qildim,
Hamma aybimga men iqror, bad qildim, xato qildim,
Esiz, mansabda chogʻim pathalimlar birla xilvatda,
Qilardim koʻp buzuq kirdor, bad qildim, xato qildim,
Yomonga yondoshib yon berdim, afsus, kulfati yetdi.
Qozondek qop-qaro diydor, bad qildim, xato qildim,
Kerildim, kibr qildim, mensimasdan kamtar odamni,
Berardim oʻlgudek ozor, bad qildim, xato qildim,
Menga bir kimsa hurmatlab salom berganda boqmasdan,
Qilardim hurmatin koʻp xor, bad qildim, xato qildim,
Necha savlat sotuvchi magʻzi puchlakrga tegib son deng,
Biqinda erdilar tayyor, bad qildim, xato qildim,
Paru bolimga suv purkab, koʻtardilar chunon koʻkka,
Qanotim hoʻl boʻlib bekor,bad qildim, xato qildim.
Ishimning yogʻiga xoʻp boqdilar, bu yogʻiga boqmay,
Ana ulfat, ana dildor, bad qildim, xato qildim,
Huzurimdan biri ketsa, biri koʻnglimni ovlardi,
Kelib necha “pari ruxsor” bad qildim, xato qildim,
Birov arz ila kelsa, bir bahona birla qaytardim,
Yalinsa: men dedim bor-bor, bad qildim, xato qildim,
Biroq qilmishlarimni xalq oʻzi hukmi-la fosh etgach,
Buzuldi aft ila angor, bad qildim, xato qildim,
Boshimni gangitib, mast etdilar, past etdilar oxir,
Nahang nafsi laganbardor, bad qildim, xato qildim,
Tekin deb, tegdi kulfat toshi, dilda yuz pushaymonim,
Oʻlay boʻlmay harom puldor, bad qildim, xato qildim,
Qayondan keldi bu pul, shul tomonga oqdi-yu ketdi,
Qurib qoldi oqar anhor, bad qildim, xato qildim,
Koʻrib bu holatimni doʻstu dushman alhazar derlar,
Qochib mendan hama bezor, bad qildim, xato qildim,
Adashdim toʻgʻri yoʻldan, boshlangiz doʻstlar bugun yoʻlga,
Sababchi bir gala ayyor, bad qildim, xato qildim,
Halol mehnat-la endi oʻtkaray qolgan bu umrimni,
Oʻla-oʻlguncha men takror bad qildim, xato qildim,
1963 y.


Fido Boʻldim

Koʻzim koʻzingga boqib, dilbar oshno boʻldim,
Yuzim yuzingga tushib erdi, mubtalo boʻldim.
Takallumingga qilay boʻlsa ming jahon sadqa,
Tabassumingga vujudim bilan fido boʻldim.
Qachon dedingki, menga qilmading fido jonlar,
Na etsang, orazi gul, shunga men rizo boʻldim.
Seni dedim boʻlak olam huzuridan kechdim,
Na gʻamda koʻngli siniq, na dili yaro boʻldim.
Xating chiroyi yuzim sahfasin bayoz etdi,
Labingning vasfin oʻqib, tolei ziyo boʻldim.
Sochingga bogʻlab oʻzin har tomon urar koʻnglim,
Bu begunohga men ham birga hamjazo boʻldim.
Niholi gulga qoʻnib, Charx urib shu gulshanda,
Chamanni bulbulidek mastu xushnavo boʻldim.

Toʻyonasi Birlan

(Mustahzod)
Toʻy ziynati toʻyga kelur hamma sarafroz,
toʻyonasi birlan,
Gulchi gulidan yoʻlga toʻshar gulli poyandoz,
gulxonasi birlan,
Sen ham, qalamim, bor bisotingni yozib koʻr,
shoyad esa manzur,
Chunki azamat paxta mirishkorlari kelgay,
durdonasi birlan,
Har donasi bir baxt debon parvarish aylab,
hosilni avaylab,
Yashnatdi Vatan bogʻini, har yogʻi “oq oltin”
koshonasi birlan,
Derlar kishining boʻlsa agar tuhfasi manzur,
savgʻosiga rahmat,
Arziydi gʻurur etsa gavhar donasi birlan,
dur shonasi birlan,
Maydonda mahoratda topib shon ila shuhrat,
mash’allari behad.
Har bir otaxon chehrasida yarqiragan nur,
nurxonasi birlan.
Har qancha mehr qoʻysa kishi dilda bu ham oz,
ona Vatanimga,
Yayrab yashnagay har bola ham tarbiya bergan
oʻz onasi birlan.
Mehnat zafari mangu saodatga yetirdi,
xalq tinchu farovon,
Har sham oʻzining ravshani oʻz xonasi birlan,
parvonasi birlan,
Doʻndirsa ishin mard eli der olamu odam
xalqimga tasanno,
Respublikamiz faxri baland himmati oliy,
Fargʻonasi birlan.
1964 yil.


Oʻynasin-Kulsin

Ulugʻ davronda yoshlar shodu xandon oʻynasin-kulsin,
Muborak dilda bogʻlab, ahdu paymon oʻynasin-kulsin.
Hayot gashtini sursin, to abad baxtu saodatda,
Vafo bogʻidan uzsin gul, guliston oʻynasin-kulsin.
Ukun mushtoq dillar vasl umidin erdi ilhoqi,
Bugun xursandlik ayyomida shodon oʻynasin-kulsin.
Qachonkim hur hayot gullarni gulga qoʻshdi, soz etdi,
Ushalsin orzusi rohatda chandon oʻynasin-kulsin.
Tabassum ketmasin labdan, takallum chogʻi bulbuldek,
Chunon sayrarda zavqi jonga darmon, oʻynasin-kulsin.
Ekib mehru vafodan yangidan-yangi nihollarni,
U shirin meva bergach, bogʻda bogʻbon oʻynasin-kulsin.
Tilar Charxiy hamisha baxtu davlat, sogʻ-omonlikni,
Hamma oʻz yori birlan shodu xandon oʻynasin-kulsin.

Har Jon Boridan

(Muqimiy bilan suhbat)
Tuhfa aylar doʻstiga himmati har jon boridan,
Soya tashlar, soya istar jonga darmon boridan,
Be ijozat men dema kel himmatingni tut baland,
Elga dasturxon yozar, har qaysi mezbon boridan,
Borligingdur boyliging berkitma, himmat bogʻin os,
Hadya qil yurtingga mayli boʻlsa bir non boridan,
Yo oʻzingdan, yo soʻzingdan, bahra olsin odami,
Mard kishilar mardligʻin qoʻymaydi vijdon boridan.
Surat oro boʻlma doʻstim, qalbi orolar bu kun,
Koʻrsa bir vayrona etdi bogʻu boʻston boridan.
Oʻchgusi bir kimsa xulqi birla har yongan chiroq,
Etgusi bir mard oʻgʻil, tukin charogʻon boridan.
Choʻlni boʻston aylabon,”oq oltin”idan ofarin,
Togʻ kabi xirmon yaratdi, yaxshi dehqon biridan.
Ne gʻamim bor, baxtiyorman faxru-shonim davlatim,
Rang-barang gul undirar bizning guliston boridan.
Ey Muqimiy, davr odil, shul sabab inson aziz,
Charxiy bizni qadrlarkan, mard qadrdon boridan.

Onajon

Ketdingiz olamdan afsus qoldi armon onajon,
Dogʻlar koʻksimda qat-qat, yuz pushaymon onajon.
Mehringiz olamcha erdi , barcha farzandlar uchun
Yoʻq ekan xargiz oʻlimga chora-imkon, onajon.
Toʻgʻri yoʻlda rahnamolik ayladingiz biz uchun,
Tarbiyangiz soyasida topdik unvon onajon.
Mehnating rohat dedingiz, hurmating bahting sening,
Shafqating deb soya bersin elga har on onajon.
Tuproq olsang boʻlsin oltin, sogʻ boʻlib oltin boshing,
Deb koʻzingiz yumdingiz siz, yigʻlatib qon, onajon.
Yaxshi niyatli kishilar, doʻstlar hor oʻlmagay,
Yaxshilar nomi hamisha tilda doston onajon.
Charxiyo kim ona qadrin bilmasa inson emas,
Garchi u alloma boʻlsin, boʻlmas inson onajon.
5 avgust 1978 yil


Uchramasin

Ey koʻngil, saqla oʻzing, toki balo uchramasin,
Ne balo, yoʻlni toʻsar ezmanamo uchramasin.
Qoʻli koʻksida mudom, koʻngli toʻla fisqu fasod,
Hama igʻvoga sherik yuzi qaro uchramasin.
Qoch yomon soyasidan, soyasi ham qursin uning,
Toki tuhmat toshidan senga jafo uchramasin.
Kishi azoriga lab ochma, adab ilmin oʻqi,
Xulqu odobing uchun ikki baho uchramasin.
Bevafolik birla har kimsaga shof etma qoʻling,
Egri toʻqmoqqa yana egri aso uchramasin.
Muncha qiynarsan oʻzingni chiranib byurokrat,
Dam xafa dimlama ayvonda vabo uchramasin.
Sinchalakdek koʻtarib koʻkka oyogʻing tirama,
Qarchigʻay changalida senga qazo uchramasin.
Ona sut berdi, otang voyaga yetkurdi seni,
Men oʻzim katta dema, katta jazo uchramasin.
Oʻnaqay koʻzu shirin soʻzni elingdan ayasang,
Chapaqay tarsaki yeb, qahru izo uchramasin.
Olim ilmiga amal aylasa-yu, uchrasa xoʻp,
Ayting-aytingki, amalsiz ulamo uchramasin.
Charxiy jonu dili-la oqil elling fandin eshit,
Ehtiyot ayla diling, kibru havo uchramasin.
1966 yil, 9 avgust.


Chandirman

Eshiting doʻstlar, har holda men yumshoq chandirman,
Yomonlarning taniga toʻldirib toʻlgʻoq, chandirman.
Halol chandishning uncha aybi yoʻqdir, hamma ham chandir,
Demasman hammadan ustun turib, tezroq chandirman.
Zamir ohangi nozik, she’r gʻarazdan xoliroq boʻlsin
Xiyonat birla kim oʻynar esa, juft-toq chandirman.
Eshitdim ba’zi shoir yallasin, el ranjib aytarmish:
Oʻchir-oʻchir ovozini, yop ogʻziga qopqoq chandirman.
Tyan'-Shan' togʻining sakratmasi vazniga sallamno,
Qizilqum choʻlidek undirilmagin yantoq chandirman.
Tarang-toz she’rlar sarlavhasin koʻrdim, burab radio,
Tegargʻtegmas qoʻlim, bir doʻppicha toʻzgʻoq chandirman.
Gap oʻtmaslarga oʻtmas soʻz desang or etmayin aytur:
-Pichoqning beti qaytar, bolta oʻtmas qoq chandirman.
Soʻz olmosini mazmun der, chuqur she’r boʻlsa kim olmas,
Yurak tuygʻularimni etsangiz choʻltoq chandirman.
Qiyomin yetkurolmasdan gapirgandan gap urgan koʻp,
Esiz zarhal qalamlar, sadqai avroq, chandirman.
Quruq gaplarni sotguncha, qoʻriq yerlarni bogʻ etsin,
Tekin bogʻ olmasin yeb, qoqmasin yongʻoq chandirman.
Ishimda moki xatlatmay, terib ip losini har dam,
Oʻrab dastgohni mahkam, hoʻl qilib arqoq chandirman
Berkmachoq birla she’rim bitta kuy ostiga vaqtim choq,
Agar kuy ketsa, she’rim, qoqu valqayroq chandirman.
Na vaznu na lotofat, she’riyat nomiga bu tuhmat,
Utilsir'yoga topshirmoq uchun ilhoq chandirman.
Sotilgan bu qoʻshiqlar eng lahim goʻsht oʻrnida pulga,
Degay u, qoʻlga osang qoq suyak, yargʻoq, chandirman,
Dilim ravshan qilib, butkul elu yurt nomidan aytdim,
Haqiqatni deyishga men nechun qoʻrqoq, chandirman.
1962 yil.


Toʻyingizda Tilagim

Sizga doʻstim koʻngil parvona boʻlsin,
Toʻy ustiga toʻyingiz yona boʻlsin.
Yigʻilgan barcha mehmon, oshnolar,
Uyingiz gulu, ham gulxona boʻlsin.
Tilak shulkim aziz farzandingizga,
Sadoqatli ahil hamhona boʻlsin.
Hamisha oʻynasin, kulsin jahonda,
Ulardan dardu gʻam begona boʻlsin.
Taqozoiy hayot istar shirinlik,
Biri sham-u, biri parvona boʻlsin.
Vafo boʻstonida yayrab gul uzsin,
Biri jonu , biri jonona boʻlsin,
Ikki navrastadan ungan niholin,
Biri la’lu, bir durdona boʻlsin.
Umid ham shul zarur dilda hamono,
Biri olim, biri farzona boʻlsin,
El ichra koʻrsatib ibrat namoliq
Ajoyib mardumi Fargʻona boʻlsin.
Xayot nash’u – namosin kayi ortiq,
May ichmay Charxiydek mastona boʻlsin.

Qingʻirlik Yomon

Toʻgʻrilik koʻp yaxshidur olamda, qingʻirlik yomon,
Tarbiyat birlan tuzalmas bagʻri tosh kirlik yomon.
Ming asr yer ostida qolgan temir tom boʻlmagay,
Zanglagan misni qizartirmoqqa jilvirlik yomon.
Farq etib yaxshi-yomonni, soʻngra yoʻldosh aylagil,
Tilda doʻstu mehribonlik, dilda qilvirlik yomon.
Dangasa tom boshida doim gadodan non soʻrar,
Ishda yoʻq, lekin maishat boʻlsa hozirlik yomon.
Orqadoshing orqadan boplaydi, bor orqam dema,
Boʻyniga bir bor zanjir tushmagaan sherlik yomon.
Harna tadbir aylasang dushmanga ishlat, doʻst uchun,
Xiyla-nayrang, betamizlik birla mudbirlik yomon.
Ter toʻkib topsa kishilar yogʻ ila yajman yegan,
Kunda bemehnat topilgan tandagi jirlik yomon.
Yoʻlda yuk bosganga homiy boʻl ogʻir yuk bosmasin,
Ishga hozirlik durust, ishratga mohirlik yomon.
Tekin oʻt deb, har tomondan shilma epchillik bilan,
Sur boʻlib qilgan imorat naqshida sirlik yomon.
Er ayoldan yo ayol erdan bahona tarzida,
Har boʻlar boʻlmasga har yoqlarga gʻir-gʻirlik yomon.
Yetdi botir, yetdi deb yetmish tiyindan yoʻq darak,
Lekin ishga ishtaha yoʻq, oshga hozirlik yomon.
Sut bilan kirgan har odat jon bilan u chiqsa ham,
Ol desa, oyda jaranglar kunda ber-berlik yomon.
17.12. 1958 yil.


Eng Shirin Soʻz

Eng shirin soʻz yaxshi insonlar uchun,
Yaxshi inson, toza vijdonlar uchun.
Dil tubidan tanlagan durdonalar
Ahdi mahkam yaxshi dehqonlar uchun.
Qancha ta’rif aylasam ham shuncha oz
Yashnagan bu bogʻu boʻstonlar uchun.
Yurtu elning pok dilida hurmati
Paxtakorlar, mardi maydonlar uchun.
Aytmasam chin dilda tahsin, ofarin,
Himmati oliy qadrdonlar uchun.
Shukr etarmiz baxtimiz bor toabad,
Harna mavjud, hamma imkonlar uchun.
Madhin aytib sayragan jon bulbuli
Shu Vatan-chun, shu gulistonlar uchun.
Tebratar Charxiy qalam to tanda jon
Qahramon halqimga dostonlar uchun.

Vafo Sendan

Arzi hol mendanu vafo sendan,
Kutmadim jabr ila jafo sendan.
Oʻzgadin zarra ehtiyojim yoʻq,
Hojatim aylamak ravo sendan.
Ishq aro ming balo duchor oʻlsa,
Dardi hijron uchun davo sendan.
Kunduzi sen quyoshu men zarra,
Tunlarim mohsen, ziyo sendan.
Muntazir koʻzlarim qarogʻi oʻzing,
Xira koʻzlarimga toʻtiyo sendan.
Tuprogʻing oʻpmagim ravo boʻlsa,
Jondan oʻpay, etish bajo sendan.
Doʻst uchun yaxshilik ravo mendan,
Gʻayr uchun bermaklik jazo sendan.
Charx urib ixtiyoringga keldim,
Qabul etmak, koʻzi qaro, sendan.

Derman

Jonon koʻrib jamoling koʻnglim bahor derman,
Har kun kutib yoʻlingda kelsaydi yor derman.
Sensan menga toʻlin oy, ey koʻzlari xumorim,
Qalbimda mehring oʻti urgay sharor derman.
Xushxulqu xushtakallum, olijanobligingdan,
Kasb aylasin oʻziga har guluzor derman.
Olam menga muyasssar bir yoʻl nazora etsang,
Har bir tabassumingga koʻz intizor derman.
Rashking oʻtida nigoh kuysa bu ustixonim,
Chiqmoq uchun tanamdan jon beqaror derman.
Koʻyingda charx urib kim, hukmingga bermayin bosh,
Lofi muhabbat ursa bee’tibor derman.
16 mart, 1968 yil.


Koʻzingdan

Koʻrdim necha bir jafo koʻzingdan,
Yoʻq-yoʻq alamim qaro koʻzingdan.
Bir men emas ishq aro topibdir,
Har ahli vafo, navo koʻzingdan.
Bir boqsang agar tabassum aylab,
Hosil hamma muddao koʻzingdan.
Oʻtlar sochadur nigohi masting,
Kuydirmasa men rizo koʻzingdan.
Yuzdan koʻrinur jahonnomaligʻ,
Soʻzdan asalu, hayo koʻzingdan.
Koʻrganda raqib koʻzi koʻr oʻlsin,
Charxiyga yetur vafo koʻzingdan.

Kosmonavtlarga

Sayr etishdi ikki lochin koʻkka parvozi bilan,
Yoydilar yurt shuhratin olamga fan sozi bilan.
Bu safar- tinchlik binosin, chin poʻlat qoʻrgʻonidir,
Barqaror bu hamnafas xalqlarning ovozi bilan.
Kema parvozida inson moʻ’jiza korni koʻring,
Kemadan chiqdi fazoga, uchdi jonbozi bilan.
To abad topsin kamol mohir jasur avlodimiz,
Faxr etar gʻolib Vatan bu ikki shovvozi bilan.
Mardlar peshvoziga chiqqanda har kim zavqi-la,
Charx urib shoir chiqar she’ri-poyandozi bilan.

Margʻilon

Oy jamolingga boqib toʻymadi, boʻston Margʻilon,
Bor quyosh aksi yuzingda ey, qadrdon Margʻilon.
El chiroyingni tomosha etmogʻi bejiz emas,
Doʻstliging ramzi uzoringdan namoyon, Margʻilon.
Bogʻlaring, gulzorlaring ta’rifiga ojiz qalam,
Yoʻllaring atrofi gullardan xiyobon, Margʻilon.
Doʻstlaring tashrifiga atlas poyondozlar toʻshab,
Keng qulochingdir ochiq kelganda mehmon, Margʻilon.
Tovlanib kim husni ortib, husniga bergay jilo,
Atlasingni kiysa har sarvi xiromon, Margʻilon.
Necha olim, mehnat ahli topdilar senda kamol,
Faxri-la tillarda noming, zikri doston, Margʻilon.
Davlat arbobi-yu, san’atning guli, soʻz ustasi,
Senda jam boʻldi, yetishdi, topdi unvon, Margʻilon.
Bu saodat, bu zafarlar nuri soʻnmas toabad,
Chunki berdi davrimiz bu baxtu imkon, Margʻilon.

Jon Nisor Oʻlsin

Agar Shirin erur, sendek vafoda barqaror oʻlsin,
Va gar Farhod erur, koʻzingda mendek poydor oʻlsin.
Diloro,yuz ochib kel sayr etib bir boʻstonimga,
Koʻrib olam tomosho aylasin-koʻngli bahor oʻlsin.
Quyosh boshingdan aylansin, qaddingdan joni zorim ham,
Qamar davrida yulduzlar yoʻlingga intizor oʻlsin.
Hilol abroʻlaringni tebratib qoʻrqitma oshiqni,
Jafo har necha etsang mayli, mehring dilda bor oʻlsin.
Kechib da’vosidan ohular aytar yuz xijolatdan:
“Tasanno, koʻz degan shunday xumoru tigʻdor oʻlsin”.
Yomon koʻz birla boqsa gʻayrilar guldek jamolingga,
Hasad oʻtida yonsin, jismi joni bemador oʻlsin.
Vafo maydonida har bir havas lofini urganlar,
Meningdek izlaringdan charx urib joni nisor oʻlsin.
3 iyul' 1968 yil.


Oʻynasin

Mutribo, sozingni soz et shoʻxi jonon oʻynasin,
To koʻrib agʻyor elin koʻksida armon oʻynasin.
Oʻynasin koʻz ustida gohi qaro qunduzlari,
Gohi shoʻxlik birla qosh ostida mujgon oʻynasin.
Otashin ruxsoridan tushganda ishqin uchquni,
Bir mening jonim emas, bazm ichra yuz jon oʻynasin.
Bulbulni ovozi yechsa bogʻaro gul tugmasin,
Gʻuncha ochilgan labi kulkuda chaqqon oʻynasin.
Sunbulin tarqatsa jonim hidlamoqqa mayl etar,
Mayli oshiq koʻnglidek zulfi parishon oʻynasin.
Tut poyondozingni guldan yor uchun, e bogʻbon,
Gul bahori husnidan boʻy oldi boʻston oʻynasin.
Kuylagan vasfini mendek mubtalolar kam emas,
Dilbarin davrida Chaxiydek gʻazalxon oʻynasin.

Ofarin

Ey, azamat paxtakor sizga jahon ofarin,
Der hamma xalq tahsinu balki zamon ofarin.
Poygada qolmay mudom marraga yetgan hamma-
Mard kishilar dovrugʻi elga ayon ofarin.
Damni gʻanimat bilib va’daga aylab vafo,
Himmat ila oshdingiz katta dovon ofarin.
Tun boʻyi parvo qilib paxta uchun ishlagan,
Xirmoni durdonaga toʻldi hamon ofarin.
Safda chevarlarni ham qoʻllari dard koʻrmasin,
Bir-biriga mehribon qizu juvon ofarin.
Tergan “oq oltin”lari dil toʻridan armugʻon,
Tuhfasi loyiq mudom, boʻlsin omon ofarin.
Paxta uchun qaygʻurish bizda bu vijdon ishi,
Chunki bu ne’mat erur non ila don ofarin.
Minsa poʻlat ot uza mard chavandozlar,
Mash’ala maydon erur har qayu jon ofarin.
Bir necha shovvozlar, necha mirishkorlar,
Koʻksiga respublikam taqdi nishon ofarin.
Hissa qoʻshib jon quyub zavqila yoshu qari,
Yurtga oʻzin hadyasin tutdi har on ofarin.
Siz azamat doʻstlar mehri-la ilhomidan,
Zavqi toʻlib Charxiyning ta’bi ravon ofarin.

Gulshan Aro

Gohi-gohi erkalab essa sabo
Toza dillar bahr olur gulshanaro.
Kim yetar boʻlsa hayotning qadriga
Bor masal: Umrida hech toʻymas aso.
Sabru bardosh qil yoʻlingda et davom,
E’tiqodla hal boʻlur har muddao.
Charxiy shogirdga berib chin tarbiya,
Dedim ulgʻay, top qadr sen doimo.
18 sentabr' 1976 yil. Qoʻqon


Gulzor Top

Kelding olamgʻa nishonang qolgʻudek bir kor top,
Yaxshi xislatlar bilan yoʻl kezmaging darkor, top.
Kezma egri yoʻlni hargiz, har odim ozori bor,
Tark etib rasvo qadamni toʻgʻri bir raftor top.
Harnechuk bedardlarga aytma koʻngul rozini,
Bil ayanch holing biluvchi mahrami asror top.
Nafs deb ishratga moyillarga mayling boʻlmasun,
Oʻzni gʻaflatdan yiroq aylab, dili bedor top.
Sen yomonga yondoshib nomusni barbod aylama,
Bir qadam ham qoʻysang, aytay, rost doʻstu yor top.
Tansihatlik shukrini bilgil kuchaymay illating,
Chora istab qayda malham boʻlsa, bilsang bor top.
Hayf bir soʻz bagʻri tosh odamga, qadring na bilur,
Arzihol aytguvchi boʻlsang, mardumi hushyor top.
Kelmasang insofga hargiz, bilmasang el hurmatin,
Osgali nafsi badingni bir balandrogʻ dor top.
Tokay achchigʻ soʻz-la yursin, Charxiy, gardundan oshib,
Ishq devonin oʻqub sen ham shirin guftor top.

Dilrabo Oʻtar

Har dam koʻzimdan jilva berib mahliqo oʻtar,
Yuz kuydirib alam oʻtida, dilrabo oʻtar.
Koʻz-koʻz jamolini men xasta zor uchun,
Yuz-yuz jafoga jonni etib mubtalo oʻtar.
Ming-ming sitamga toqat etib keldi jonu zor,
Keng-keng jahonni tor qilib bevafo oʻtar.
Kam-kam buzib ul kungi qilgan va’dalarni yor,
Dam-dam vafoga moyil ulub oshno oʻtar.
Goh-goh koʻngil hushini olib u nishonga,
Vah-vah nechuk etay demadim bir balo oʻtar.
Oʻq-qoʻlanib turar demangiz bu raqib uchun,
Yoʻq-yoʻq jonga otganda bexato oʻtar.
Bir-bir havas yoʻlidan ayo Charxiy bong urib,
Men oshiqi degan hamma ahli navo oʻtar.

Boʻston Boʻlur

Navbahor barq ursa husni yer yuzi boʻston boʻlur,
Gar tarannum tuzsa bulbul gʻunchalar xandon boʻlur.
Sabzalar yashnab bisotin yozsa har jon ilgida,
Dasta-dasta gul, binafsha, chakkada rayhon boʻlur.
Chin muhabbat ahli, mehnat ahlidir ahboblar,
Gul hayot ishqida hamma bir tanu bir jon boʻlur.
Qishda yoz faslin gʻamin yeb navbahor ayyomida
Paxtazorda paxtakoru bogʻ aro bogʻbon boʻlur.
Fan elining himmati-yu, texnika xosiyati,
Boʻldi jannat dashtu sahro qoyili inson boʻlur.
Qahragan sahroda ne oʻssin agar suv boʻlmasa,
Suv bilan daryo tubida la’l ila marjon boʻlur.
Suv hayot, suv qatrasin ham zarra isrof aylamang,
Zarradan zar boʻlsa paydo qatradan ummon boʻlur.
Suv bilan choʻllar guliston, qolmadi suvsiz sarob,
Bir hovuch suv koʻrmagan yer sahni xoriston boʻlur.
Yaltiroqsiz, jismi xomush, ta’bi vazmin togʻlar,
Bagʻritoʻla nuqra oltinu zajarbad kon boʻlur.
Yaxshi niyat birla, doʻstim, ayla bogʻu rogʻlar
Qolsa bir tup mevasiz yer el uchun armon boʻlur.
Soʻzni uqqan yaxshi farzand baxtu omad keltirur,
Oʻzbilarmon, tantiq odam aksariy nodon boʻlur.
Otashin qalbingla, doʻstim, ishla yengib mushkiling,
Oʻtga tob bergan xamirdan lolarang shirmon boʻlur.
Jonu dildan tuhfamiz bu yurtim oltin toʻyiga,
Shubhasiz, durdonalardan togʻ-togʻ xirmon boʻlur.
Ona tuproq nuri chashma hur zamon avlodimiz,
Va’damiz chindan muqarrar ahd ila paymon boʻlur.
Ishni qoyil aylaganlar mehnatiga ofarin,
El sharaflab oliy minbar uzra u mehmon boʻlur,
Charxiyo, gʻolib elingning madhida tebrat qalam,
Mehnati ming-ming kitobu hurmati doston boʻlur.

Dongdor Hormanglar

Yashanglar, oriyatli mard elim-dongdor, hormanglar!
Halol mehnat tufayli dashtlar gulzor, hormanglar!
Mashaqqat birla kunlarni ulab tunlarga hosil deb,
Yigit-qiz mijja qoqmay ishladi bedor, xormanglar!
Erursiz qoʻllari gul yoʻllari gul ximmatingizdan,
Zaminlar tashna qolmay, mavj urar anhor, hormanglar!
Bahordan to kuzak ter toʻkdingiz ishlab saxt yerga,
Sahovat shul erur, albatta, baxtli yor hormanglar!
Zabardast qiz-oʻgʻillar, va’dasi chin mardi maydonlar,
Dili bir, soʻzi bir ahdida doim bor, hormanglar!
Muhabbat birla dehqon bir chigit undirsa gʻayratidan
Vatan ham rozi undan, xalq minnatdor, hormanglar!
Xususan, texnika dehqon uchun doim madadkordir,
Shuning-chun bel baquvvat, ham toʻkis roʻzgʻor, hormanglar!
Terib durdonalarni mehr ila etmay gramm nobud,
Vatanga armugʻonlar etdingiz tayyor, hormanglar!
Yozurda madhingizni Charx urar parvona koʻngillar,
Uzun umru baland ximmat tilay takror, hormanglar!

Keltirur

Har qayu manzilga, koʻnglim, oʻz oyogʻing keltirur,
Niyating ne boʻlsa dildan, ishtiyoqing keltirur.
Tortar ersang bir muhabbatli koʻngilning mehrini,
Mehribonlik birla keng ochgan quchogʻing keltirur.
Tutmasang oʻz hurmatingni har yaqin boʻlgay uzoq,
Himmating boʻlsa baland, har bir uzogʻing keltirur.
Otma nohaq kimsalarga ta’nadan tuhmat toshin,
Har alam boshingga oʻz otkan tayogʻing keltirur.
Nafsi badlik-tan-sihatlikning ashaddiy dushmani,
Har kasallarki kelur, qurgʻur tamogʻing keltirur.
Qoʻyma har xavfli makonga beibo bejo qadam,
Har malomatlar yetar, qingʻir tuyogʻing keltirur.
Charxi chin ilxom parisin bil vafo boʻstonidin,
Ezgu niyatlar bilan yongan chirogʻing keltirur.

Topar

Har ulugʻ maqsadni odam toza vijdondan topar,
Toza vijdonni dili pokiza insondan topar.
Istasa hurmat jahonda topgali axloq kerak,
Kimki manmanlikni istar boʻlsa, nodondan topar.
Mehnat etsa gar kishi daryoga, qaytar unga ham,
Mahsulin daryo emas, bir kun xiyobondan topar.
Osmonga boqma, avval boq oyogʻing ostiga,
Qaysi er yerdan emas, davlatni osmondan topar?
Parcha non qadrini bilgan, choʻpni ham xor aylamas,
Bir hovuch don sepsa dehqon, kuzda xirmondan topar.
Xalq aro mehru vafodan toza bir gul istagan
Charxiydek bulbulga kon, hur shu gulistondan topar.
1955 yil.


Muallimlar

(qoʻshiq)
Hay-hay naxush davrimizda,qutlugʻ ayyom muallimlar.
Ta’zim sizga qalbimizdan ming ehtirom muallimlar.
Siz murabbiy inson uchun,dillardagi vijdon uchun,
Cheksiz ilmu urfon uchun,bergan ilxom muallimlar.
Ma’rifatning keng quchogʻi, doim qaynar fan bulogʻi,
Inson baxtin siz chirogʻi, shirin kalom muallimlar.
Siz tufayli utozimiz, deng taratgan ovozimiz,
Koʻklar sari parvozimiz,topdi nizom muallimlar.
Zaptingizga yer-osmon, fanimizga qoyil jahon,
Elga gʻamhoʻr chin mehribon, dilga orom muallimlar.
Siz bogʻbon biz bogʻingiz, oʻchmas hargiz chirogʻingiz,
Toʻtiyodir sabogʻingiz, koʻzga mudom muallimlar.
Charxiy gʻamdan begonaman, may ichmayin mastonaman.
Koʻyingizga parvonaman, sizga salom muallimlar.

Doʻstlar, Fazilat Ahlin

(Doʻstim Sobir Abdullaning she’riy maktubiga javob)
Doʻstlar fazilat ahlin shirin zaboni Sobir.
Ulkan adibu shoir, el mehriboni Sobir.
Vasfida sozlabon soz, mingdan birin desam oz,
Shoirlar ichra mumtoz, ta’bi ravoni Sobir.
Nazmu nasrda gʻolib, she’riga barcha tolib,
San’atga soʻzi qolip, yoʻq, yoʻq gumoni Sobir
Yozilsa she’r qanoti, parvozda mazmun oti,
Xoʻp rang-barang bisoti, ma’noning koni Sobir.
Dil koʻzgusi munavvar, ishq shubha, qalbi gavhar,
Axli qalaming kamtar, zoʻr pahlavoni Sobir
Gul oshigʻi hamisha, nazm ishqida pesha,
Urgay tikanga tesha, koʻrgan zamoni Sobir.
Iqbol mayini totgan, orzularin ushatgan,
Soʻzidan gul yaratgan, gul bogʻboni Sobir.
Soʻzda latifa gʻoyat, doʻstlar uchun inoyat,
Menga bu bir bashorat, xush imtihoni Sobir.
Qoʻqonda qishmu har kun desa birov, dedik joʻn,
Har kun shamolu har tun , qor osmoni, Sobir.
B ulturgi qorga soʻz deb bu yilgi ta’nasin yeb,
Yozmoqni koʻrmadim ep, hajvim-la, oni Sobir.
Qor birla toʻldi tomim, pishdi kurashda holim
Sustlashmas intizomim, berma sazoni Sobir.
Yoʻq tob gard ilinsa, ranjiydi dil bilinsa,
Har qancha maqtanilsa, yoʻqdir ziyoni Sobir.
Ilhom berarda shoir, maqtov natijasi der,
Qurboni ketsang arzir, aqli rasoni Sobir.
Shu-shu vazifa har dam xizmatda biz damo dam,
Hayxot olmagay dam xujra qozoni Sobir.
Yuz shukurkim tuzaldim, tuz totgali uzaldim,
Izlab shifoni dardim, topdi davoni Sobir.
Navroʻzi olam emish, zavqu surur gʻanimat
Bizdan hamisha xizmat, doʻstlik nishoni Sobir,
Charxiy boshim koʻtardim, chun lola rangi zardim,
Qolguncha yerda gardim men doʻsti jon Sobir.

U Yora Yetur

Sabo, salomimni avval koʻzi xumora yetur,
Soʻng arzi holimi ul yuzlari anora yetur.
Mening gʻuborim uning ostoniga yetmas,
Uning gʻuborini men bu xokisora yetur.
Sahar raqib elidan dargohi boʻlur xoli,
Yurak sirimni sekin subhidam u yora yetur.
Firoq shomida yozgan hazor dostonim
Visoli subh yetushgan dami nigora yetur.
Meining salomim agar yetsa, ne saodatkim,
Uning salomini sen ham men intizora yetur.
Vujudi oʻrtadi, deb soʻzla nozanin yora,
Yoshurma rozi dilimni sen oshkora yetur.
Kuyunma nolada, Charxiy , muhabbat uchqunidin,
Raqib uyiga qoʻyub oʻt, uni sharora yetur.
1927 yil.


Chaman Bezandi Bu Kun…

Chaman bezandi bu kun, dilga bir savol kelur,
Magar koʻngil sevinar, husni bemisol kelur.
Qachonki kelsa, ketur shul kuni yurakdan gʻam
Qachonki ketsa, yana dardi ehtimol kelur.
Sadafdek asramogʻim dildagi muhabbatin
Raqiblarimga gʻamu menga turfa hol kelur.
Karam umidi hamma kimsaga barobarmas,
Yomonga balki zavol, yaxshiga kamol kelur.
Hamisha oʻyu xayol dilda mehribonimdir,
Masalki: tushda hamon oʻylagan xayol kelur.
Vafoli shoʻx sanamim chorlasa visoliga,
Tanamga qon yugurib, yangidan majol kelur.
Qachon yetushsa xabar muntazir qulogʻimga,
U dam yurakka madoru labimga bol kelur.
Xato emaski, sepib suv, yoʻlin supirmoq-chun
Kamoli himmatidan Charx urib shamol kelur.
1945 yil.


Vatanim

Koʻzimga hur Vatanim Gardi toʻtiyo koʻrinur,
Uning muhabbati har bir koʻgulda jo koʻrinur,
Yurakda zavqi visol nurli oftobimdan,
Koʻngulda naqshi vafo koʻzgusi jilo koʻrinur.
Chiroyi bu chamanim xorsiz gulistonim,
Bahori parvarishim shomu har sabo koʻrinur.
Elimni qudratidan gulshan ushbu sahrolar,
Zilol qatrasi bir durri bebaho koʻrinur,
U kun qush uchsa, parin kuydirur biyobonlar,
Bugun tamomi chaman bogʻi dilkusho koʻrinur.
Kimiki xalq nazari mehridan judolansa,
Ki har nafasda anga ranju yuz balo koʻrinur.
Vafo yoʻlida qadam Charxi bemador oʻlmas,
Haqiqiy dilda hamon ushbu muddao koʻrinur.
1942 yil.


Vafodorlaring Bor

Fargʻona, sening mardu vafodorlaring bor
Mehnatda, mahoratda koʻp ilgʻorlaring bor.
Faxr aylasa har qancha kishi sha’ningga arzir ,
Har safhada ham vasfi ulugʻvorlaring bor
Himmat kamari belda jasoratli qiz-oʻgʻlon,
Jonu dili-la texnikaga yorlaring bor.
Gʻov uchrasa bir zarba bilan parchalab oʻtgan,
Arslon bilagu, sher yurak yorlaring bor.
Choʻllarni chaman aylagan “oq oltin”i birlan,
Moʻl hosil uchun puxta mirishkorlaring bor.
Pillang esa keng olamaro dovrugʻi mashhur,
Paxtang Vatanim qadri guharborlaring bor.
Peshona terin toʻkdi, zafar lochini boʻldi,
Bong urguvchi maydondagi shunqorlaring bor.
Har ishda tafakkur ila ixlosu muhabbat,
Har sohada koʻp olimu hushyorlaring bor.
Sen tarbiyalab voyaga yetkirding elimni,
Behad seni hurmatga sazovorlaring bor.

Bahor

Hamalda yer yetilib keldi bu nasimi bahor,
Bahor shabodasi jonga huzuru, tanga mador.
Madori dilga berur zavqu shavq mehnatda,
Shu mehnat ishqida ilhom yurakda turna qator.
Qatorda egniga kiygay binafsha yangi libos,
Yecharda tugmalarin aylasang bu jonni nisor.
Nisor etar hama ham borini bu mavsumga
Tikib biri uzum, anjir, birisi olma, anor.
Anori sharbatidan dardmand davoga yetib,
Uzum suvin tatiganda qolur koʻzida xumor.
Vatan chiroyiga qoʻshgay chiroy ixlos ila
Yigitlariki qoʻli gul, qiziki lolauzor.
Uzoridin yogʻilur nur, bahoridan hosil,
Qatoridan kamimas hech, rafiqu hamdamu yor.
Unumli vodiy bezangay gulu gulistondan,
Shu gulni deydi “oq olti” toʻla faxrli diyor.
Diyor xizmati birlan muhabbatin ayamay,
Na kunning aksida zarra malol, na tunda gʻubor.
Gʻuborsiz dil ila va’daga vafo aylab,
Sharaf bilan bajarilgay hamisha qat’iy qaror.
1965 yil.


Mehrim Barqaror

(Qaytarma bahr)
Baxtiyorman yashnagan yurtimda, mehrim barqaror,
Barqaror mendek shirin umri-la hamma baxtiyor:
Ixtiyor erkini qoʻldan yaxshi inson bermagay,
Bermagay hargiz yomon yoʻllarga vijdon ixtiyor.
E’tibor topmoq adabdin beadablik koʻp yomon,
Koʻp yomon el oldida kim boʻlsa u bee’tibor.
Bemador boʻlma yigitlik chogʻida yuz tovlanib,
Tovlanib yuz rangda boʻlsang bilki umring bemador.
Yor boʻlur baxtu saodat mard kishiga to abad,
To abad xavfu xatarsiz kimki mehnat birla yor.
Oshkor boʻlganda qanday yaxshi niyat bir kuni,
Bir kuni har bir yomon niyat boʻlur tez oshkor.
Intizor aylar vafosiz hamnishinlar va’dasi,
Va’dasi chin yoru doʻstlar aylamaslar intizor.
Bor, yaxshilikni kasb ayla, charogʻing oʻchmagay,
Oʻchmagay noming jahonda yaxshi kelding, yaxshi bor.
Lolazor et, Charxiy, davroningni koʻnglim kel, bezat,
Kel, bezat davrim jahon boricha boʻlsin lolazor.
1966 yil.


Nigorim Bor

Ketur qadahni menga soqiyo xumorim bor,
Koʻzimda jilvagarim naqdu gul uzorim bor.
Yetushsa ishq eli yorin visoliga bir dam,
Demas jahon elini kuydurar sharorim bor.
Tutib vafo etagin demadim bu yoʻl olis,
Kechib oʻzimdin unga shukur-e’tiborim.
Ne gʻam raqib elining makridan ne andesham,
Menga ne ranju alam, marhamatli yorim bor,
Labida obi hayotu, soʻzida mehri vafo,
Qaro koʻzida hayo, ahdida turorim bor.
Netay jahonni baqosiz guliga yoʻq havasim,
Nigohi tushsa zamin sahni lolazorim bor.
Xazoni yoʻq chaman ichra qilur navo Charxiy,
Shu gul bilan oʻtar degan qarorim bor.
1941 yil.


Gulbahor

Bogʻu chaman yashnatib, keldi bahor, gulbahor,
Mehnat elin shod etib, keldi bahor, gulbahor.
Mavsumi gʻoyat goʻzal, suvlari qandu asal,
Shavqi-la aylab jadal, keldi bahor, gulbahor.
Yer yuzin alvon etib, choʻlni guliston etib,
Sahnini boʻston etib, keldi bahor, gulbahor.
Faxri-la der koinot, senga tasanno, hayot,
Koʻkka uchib kosmonavt keldi bahor, gulbahor.
Quchganimiz har safar, yangi yutuq-la zafar,
Moʻ’tabaru bexatar keldi bahor, gulbahor.
Yurtu sanoat uchun, koʻrsatib elning kuchin,
Mehru muhabbat-la chin, keldi bahor, gulbahor.
Mardlar ulugʻ shonida, hurmatu unvon ila,
Qudratu imkon ila, keldi bahor, gulbahor.
Har minut oltinga teng, qadrini durdona deng,
Har damin imkoni keng, keldi bahor, gulbahor.
Nurli chirogʻi bilan, qalbida chogʻi bilan,
Sepu-sanogʻi bilan, keldi bahor, gulbahor.
Va’daga etmak vafo, hamma yuraklarda jo,
Mehnat uchun muddao, keldi bahor, gulbahor.
1966 yil.


Tosh Otar

Menga yor aylab tagʻofil oʻzgalarga qosh otar,
Rashkidan jonim chidolmay koʻzlarim duv yosh otar.
Har zamon yodimga tushsa aylagan parvolari,
Oʻxtin-oʻxtin koʻkka ohim oʻti bebardosh otar.
Tushsa har kim boshiga bir yor savdosi agar,
Avvalo yuz ming malomat toshini tengdosh otar.
Ishq vodiysida sargardon quyundek kezma koʻp,
Har baliyat yetsa senga yoʻldagi yoʻldosh otar.
Roziman agʻyorsiz bir menga tanho yor oʻzi,
Siynam uzra javr oʻqini boʻlsa erdi kosh otar.
Charx urib domiga tushdim shoʻx ekan, tannoz ekan,
Noz ila tekkanga tegmay, tegmaganga tosh otar.
1956 yi.


Ayuhannos

Bagʻrimni pora qildi bu noz ayuhannos.
Oʻpkamni yora qildi bu noz ayuhannos.
Ikki qilib gapimni shirillatib labimni
Boʻm-boʻsh nogʻora qildi bu noz ayuhannos.
Ogʻu qoʻshib tuzimga ombur solib yuzimga
Kuygan zogʻora qildi bu noz ayuhannos.
Endigina tuzoqda ajralsam u uzoqda.
Keldim nazzora qildi bu noz ayuhannos.
Ahli buzuq sanamdek qingʻir yurar qalamdek.
Singan togʻora qildi bu noz ayuhannos.
Aylantirib boshimni keksartirib yoshimni
Ne dardga sora qildi bu noz ayuhannos.
Ulfat boʻlib zamonlar bermay sira omonlar.
Yillab ovora qildi bu noz ayuhannos.
Xoʻb koʻrsatib oʻyimni toʻgʻri turar boʻyimni
Teshib minora qildi bu noz ayuhannos.
Beyuz karandalarga iflos kashandalarga
Charxiy ishora qildi bu noz ayuhannos.

Intizor Etmas

Kimki baxti ochilsa, elni hargiz intizor etmas,
Qadrdonin unutmas, hurmat aylar, asti xor etmas.
Farosat ahlidan boʻl ey, koʻngil qushdek havolanma,
Hamoqat ahlin aqli bir tiniq joyda qaror etmas.
Bema’ni boʻlsa sayyod, bilki bema’ni shikor etmas.
Sevar oʻz yorini, ammo vafosiz yorni yor etmas.
Shikoring boʻlsa ravshan, soʻngra uchsin lochining qoʻldan,
Baqolik mansabu, izzatdadur eldan nazar topgan,
Ulugʻlik xislati zotida mavjud boʻlmasa ne sud?
Chunonchi, tol yogʻochin ming yoʻnib naqshin chinor etmas.
Aziz yurtingda Charxiy tinchligin shukrin bajo aylab,
Chamanzorini changlatmas sira qalbin gʻubor etmas.
1951 yil.


Iltimos

Yil boshidan boshlanur, har kimda ham bor iltimos,
Tavba qildim tushmagay, boshimga zinhor iltimos,
Ayb emas bir hojatin, xal aylamay-chun yolvorib,
Kimga kimdir aylagay bir ishda nochor iltimos.
Xoh piyoda,xohi ot sur, xohi boʻl farzin suvor,
Darhaqiqat, kishti-mot vaqtida darkor iltimos.
Iltimosingni qabul etguvchiga oson emas,
Kuydirib, kul aylar emish, ba’zi ayyor iltimos.
Men birovdan soʻrsam, u asta qulogʻimga dedi:
Jon birodar, hammadan tigʻdori puldor iltimos.
Rang-barangmi, iltimos naviy desam, aytdi kulib,
Gohi pushti, gohi safsar, gohi zangor iltimos.
Tanda titroq, boshda xush yoʻq, yolborursan, yoʻq javob,
Shunda boʻlgay, sogʻ kirib, qaytishda bemor iltimos.
Gohi-gohi iltimos deb, ajradik koʻp doʻstdan,
Doʻstni doʻstdan ajratishda boʻldi agʻyor iltimos.
Ayting-ayting mard kishin nomardga arzi tushmasun,
Mushkuling hal boʻlguvchi dargohda koʻp xor iltimos.
Charxlasang ham bebizoat soʻzi kesmaydur dema,
Kesguvchi, kuldurguvchi, undurguvchi, bor iltimos.

Topilmas

Hech qanday asal qiymati halvoda topilmas,
Durdonani, bil, har qayu daryoda topilmas,.
Ming shirayu sharbatni yigʻib shahd tuzing kim:
Shirinligi ul olu murabboda topilmas.
Farhod muhabbatda ulugʻ, Qays jununda,
Shirinni shirin labzi u layloda topilmas.
Atr ila qizil gul boʻyi derlarki shirindir,
Lekin sifati lolayu ra’noda topilmas.
Har qaysi fasl oʻzgacha bir ruh bagʻishlar,
Kuz fayzi boʻlak sayri tomoshoda topilmas.
Ey, Charxiy vafo gulshanidan suv oʻgirib ich!
Bu nash’u namo har qayu ma’noda topilmas.
1934 yil.


Oʻldigʻim Bilmas

Nigorikim meni husniga hayron oʻldigʻim bilmas,
Bilur oshiqligim, koʻyida sarson oʻldigʻim bilmas.
Qayu til birla vasfin aytayin olijanobimni
Qaro zulfi kabi koʻngli parishon oʻldigʻim bilmas.
Olib aqlimni toroj ayladi shirin tabassum-la,
Asiri volayi chohi zinaxdon oʻldigʻim bilmas.
Meni dardimga darmon istama bilmay masihokim,
Tabibim ul pari ilhoqi darmon oʻldigʻim bilmas.
Koʻzim, ul oy yuziga boqmasangdi, zor boʻlmasding,
Netay endi shahidi tigʻi mujgon oʻldigʻim bilmas
Koʻngil yoʻlida tutding koʻz, koʻray deb qayta husnin oh,
Bilur xoʻp intizorin dillarim qon oʻldigʻim bilmas.
1930 yil.


Gʻafur Gʻulomga Hasbi Holim

(Gʻafur Gʻulomga arzi ahvolim)
Kel, ey doʻstim, suxan ogʻoz etib ket,
Suxan mazmunini tannoz etib ket.
Yotibman termulib bemorlikda,
Soʻrab holi dilimni, yoz etib ket.
Oyoq ostida qoldirmay faqiring,
Gʻanimat umrini, kel, soz etib ket.
Jafosi oʻtdi bir mansabparastning,
Nafas ur, bir Masih i’joz etib ket.
Koʻngil bir kun emas, bir kun tinar deb,
Tinim yoʻq, sarbagʻish bir oz etib ket.
Bichib, andozaga soldim suxanni,
Oʻzing andozani andoz etib ket.
“Kabutar bo kabutar, gʻoz bo gʻoz”
esa, shul ma’nida parvoz etib ket.
Naiki sajda qildirmoqlik istar,
Oʻshandoq butni tirandoz etib ket.
Berib langar choʻpin, tutqiz qoʻliga,
Yiqilgan Toshpoʻlot darvoz etib ket.
Na derman, dilni savdosini derman,
Bu savdoni yechib, sharroz etib ket.
Kelishda xushxabar birla kelibsan,
Ketishda na’rali ovoz etib ket.
Bu mushkul hola tushganlarga homiy,
Oʻzing, qadrimga yet, e’zoz etib ket.
Oʻqib “Gulyor”, gahi “shahnoz” etib ket.

Meni Haryona Tashlab

(muvashshah)
Koʻrinmay bizga jonim mavhi diydor etmadingizmu?
Mani har yona tashlab oʻzgani yor etmadingizmu?
Raqiblar ilkida sangi malomat birla kuksimni,
Teshib majruh koʻngil birla afgor etmadingizmu?
Umidim shulmida sizdan, ayo ey mahvashi tanho,
Nechuk avvalda menga va’da izhor etmadingizmu?
Mayi vasli safodin hasratki totmadim zarra ,
Bizingdin yoshirun agʻyora oshno etmadingizmu?
Tamomi tanda jonim vasl mushtoqi jamolingiz,
Ki hijron otashigʻa kuydirub zor etmadingizmu?
Xalos etmoq bu xijron otashidin sizgʻa osondur,
Necha ranju alamdin bizni bemoor etmadingizmu?
Ochib barqi jamol kavkabingiz shu’lasini elgʻa,
Bu gʻamdin yigʻlatib har kecha bedor etmadingizmu?
Ne boʻlgʻaykim, kamina arzi ixlosin eshitsangiz,
Ki ishq bozorida bizni xaridor etmadingizmu?
Necha kim nomingizni harfini nazmigʻa jo etdi,
Dilingiz tortibon Charxiyni xushtor etmadingizmu?

Xabardan Bu

(Gʻafur Gʻulomga maktub)
Xati rasmona ermas nomaikim xush xabardan bu,
Emas tulning chirogʻi, ravshan shamsuqamardan bu.
Nazokatda niholi sari oʻz da’vosidan kechsin,
Nafosatda chiroyi jumlalar, durri gavhardan bu.
Sogʻingan koʻrmay avval, xatlaringni aytki kim koʻrsin,
Umr boqi esa lazzatda u, bodomi tardan bu.
U ilhomimga ilhom qoʻshsa, bu maktubi jonparvar,
U margʻubi koʻngil boʻlganda, manzuri nazardan bu.
Qarib, yoshim yetib oltmishga koʻzlar xranok oʻlmish,
Ziyobaxsh oʻldi mujdang, yo magar kuhlul-basardan bu.
Topib bir bazmi gulxan, Charxiy, yuz qayta oʻqib nasring,
Sening yodingda kuylab kechalab yozgan asardan bu.

Navo Boʻlurmu

Bezavq navo-navo boʻlurmu,
Benur havo-havo boʻlurmu.
Oltin emas ersa asli zoti,
Mis rangli jilo-jilo boʻlurmu.
Dil oynadirki, sayqali yoʻq,
Koʻzguda ziyo-ziyo boʻlurmu.
To doʻstingda dilni payvand etmay,
Hech sidqu safo-safo boʻlurmu.
Har yoʻlda yoʻlovchi hamdam ermas,
Har joni fido-fido boʻlurmu.
Ishq ahli umid ila chekar oh,
Yor boʻlsa judo-judo boʻlurmu.
Ma’shuq ishi noz ila tagʻofil,
Oshiqda xato-xato boʻlurmu.
Gar boqmasa sarvinoz qiyolab,
Bir tarzi nigoh – nigoh boʻlurmu.
Iqroriga koʻnmasa oʻjar dil,
Inkori ravo-ravo boʻlurmu.
Iffatli diling-la sharm tutgil,
Chimmatli hayo-hayo boʻlurmu.
Mumkinki, qoraysa surmadan koʻz,
Har koʻzi qaro-qaro boʻlurmu.
Yuz va’daga bir vafo koʻrinmas,
Puch ahli vafo-vafo boʻlurmu.
Shoʻrxok zaminda parvarishsiz,
Bechora giyoh-giyoh boʻlurmu.
Bong urmasa jonu dil bilan kim,
Charxiy, bu Safo-safo boʻlurmu.

Dildori Shoʻx

Muncha ham koʻnglimni sevgan yori shoʻx,
Har nigohida koʻzin xummori shoʻx.
Qoʻysa ohista qadam gul sayriga
Mehri joʻsh ursa koʻring raftori shoʻx.
Oʻtmikan, zuhromikan yo yulduzi,
Oʻrtanur jon, otashin ruxsori shoʻx.
Belga tashlab mayda-mayda kokilin,
Yursa tebrangusi zulfin tori shoʻx,
Tovlanur xurshid misoli orazi,
Shu’lasidan yashnagan gulzori shoʻx.
Koʻrsatib ahdu vafoning rasmini
Gohi lutf etganda, goh ozori shoʻx.
Charxiyo, oʻtkarma soʻzing haddidan,
Chunki har mazmunda bir guftori shoʻx.
1968 yil.


Men Kelaman Sogʻinib

Men kelaman sogʻinib, yor qanoringni och,
Senga uchay qush boʻlib, bogʻu bahoringni och.
Yor, jamoling koʻrib lahza quvonsin koʻngil,
Chertma qabogʻing, kulib lutfi nisoringni och.
Koʻrsa chaman bulbuli senga tasanno desik,
Baxtli kulib, yashnagan lola uzoringni och.
Daftari husningdagi xol u vafo shohidim,
Gul yuzing avroqidan ahdu qaroringni och.
Charxiy gulistoningga keldi navo soz etib,
Kuyla, koʻngil sevgisi, dildagi boringni och.
1928 yil.


Quyosh

Nur sochar olamga beminnat zaru zevar quyosh,
Yerdan in’omi javohir ya’ni koni zar quyosh.
Moʻ’tabar inson mukarram zot uchun ham har nafas
Baxsh etar dunyocha lutfin mavjidan gavhar quyosh.
Har chaman undan latofat kasb etar, undan kamol,
Har varaq gul bargidan goʻyo ochar daftar quyosh.
Qatralardan toʻlsa daryo, zarradan yogʻdu yigʻib,
Mehribon el boshi uzra zar sochar zargar quyosh.
Oy jamolin shu’lasidan bersa gullarga chiroy,
Nozu ne’matlarni aylar shahd ila shakkar quyosh.
U bilan ravshan jahonu, u bilan olamda jon,
Jism uchun gar boʻlsa darmon, dil uchun dilbar quyosh.
Bezavol ahkomi aqli to abad, deb poydor,
Qurdi mustahkam bu yangligʻ qasr uchun minbar quyosh.
Charxiyo, ramzu ishorat birla insonlar uchun
Oʻrgatur mehru vafo rasmin vafoparvar quyosh.
1977 yil.


Top-Toza Qish

Qor emas, don yogʻdi koʻkdan, shul sabab top-toza qish,
Kuz ketib noz uyqusidan, ayladi hamyoza qish,
Kuzgi hosildan tamomi mevalarni asrabon,
Qoʻynida saqlar “esin” deb el buni to yoza qish.
Katta shudgor oʻsma qoʻygan qosh yangligʻ barq urar,
Vaqti yetgach, qordan tortar yuziga gʻoza qish.
Gohi u chertar qabogʻin , gohi magʻrur ishvasi,
Xuddi oʻxshar mast istigʻnoli bir tannoza qish.
Bong urib, sarsar shamoli kelsa-kelsin, deb yotar,
Shul sabab andozasiga boʻldi beandoza qish.
Goh bahor ayyomi yangligʻ obi-tobin koʻrsatur,
Ya’ni mehnatda chiniqqan choʻlquvar shavvoza qish.
Aylagay olamga ibrat mardu gʻoliblar ishin:
“Ishda ham jangda chiniqqan mard-bu “, deb ovoza qish.
Qish gʻamin kim yeb saranjom etmasa kuzgi ishin:
“Attang oyim” keldilar, deb lang ochar darvoza qish.
Begʻubor koʻngil kabi, Charxiy, musaffo iqliming,
Arzigay, har qancha yozsang hurmatu e’zoza qish.
1977 yil.


Osh-Posh

Bergusi ojiz yurakka yoʻlda chin yoʻldosh-dosh,
Boʻlmasa idroki boʻlmas, katta har bir bosh-bosh.
Har nechuk bemehr odam yozsa dasturxon agar,
Qatra suv ichmas-emas och qolsa ham farrosh osh.
Toza oʻtkaz gʻalviringdan donu dunin yaxshilab,
Chiqmagay oshingda tishni sindirar bir tosh-posh.
Yaxshi niyat-la birov gul oʻtqazur mehnat bilan,
Bir gul undirmay uzub gul, der birov men yosh-yosh.
Osh debon oshma maishat tomiga zinhorkim,
Chunki istigʻno sirin aylar u shundogʻ Osh-fosh.
Didli bir suratgar ista koʻzu qosh pardoziga,
Koʻz chiqargay yoʻqsa qoʻydim deb chala naqqosh-qosh.
Charxiy, tamsilingni ravshan etgali ahboblar,
Yaxshi mazmunlar atab, to bersalar keng osh-kosh.

Tarbiya

Eng ulugʻ insonga avval tarbiya,
Tarbiyatdan ezgu holim deb joʻya.
Bir bino sol, u binodur yaxshilik,
Yaxshi niyat-la qoʻyar har uya.
Gʻam ye avloding uchun, inson esang,
Nafs deb oʻrgamchidek tortma uya.
Yurma bemehnat tekinga dom qoʻyub,
Turma bexizmat, shu taqdirim deya.
Chin saxiylik nisbatim desang agar,
Katta och darvozani qilmay qiya.
Shuncha savlat birla gumrohligʻ nadur,
Boshla yoʻl, der, bir eshakka, yuz tuya.
Tiklanib yotgan matodan ol xabar,
Koʻr, maboda tushmagan boʻlgʻay kuya.
Oqni qora aylamakka had kerak,
Qora dil oq boʻlmagʻay, ming yoʻl boʻya.
Ursa nohaq kim yiqilgʻonni yana,
Charxiyo, sen bor, yiqilgʻonni suya.

Chin Ishtiyoq

Dilda paydo boʻlsa gar chin ishtiyoq
Oqil inson izlanib topgay mayoq.
Ota-ona qadrini tutsa baland.
Ushbu farzand tortmagay dardu firoq.
Elu yurtingni aziz tut, tuprogʻin
Koʻzga surtgil, soʻngra sen dunyoga boq.
Zarni misdan ajrotolmas boʻlsa kim
Bu hayotdan hech ololmaydir saboq.
Charxiy, Komillarcha imdod ayladim
Ayting-ayting, solmasin agʻyor nifoq.
18 sentabr' 1973 yil


Ona Aziz

Ona azizu mukarram, ona dilinga chirogʻ,
Tushurma farzand esang, qalbiga alamdin dogʻ.
Ota-onang sharafing, boisi vujudingdur,
Sababsiz olam aro kelmadi biron tirnogʻ.
Suyongʻuching ikki zot, koʻksiga yeturma sitam,
Nurab hayoti, xazon boʻlmasin suyongan togʻ.
Onangni ranjita koʻrma hayoli farzand esang,
Uyingni bulbuli boʻl, boʻlma badtarin chun zogʻ.
Hama barobar erur, deb yomonga boʻlma yaqin,
Barobar boʻlmadi inson qoʻlida besh barmogʻ.
Yuziga tik qaramas boʻlmayin desa osiy,
Soʻziga min toqibon aylamas firoq-dimogʻ.
Gʻuboirni siynadin irgʻit, dilingni pok aylab,
Onang rizo esa sendin, hamisha vaqting chogʻ.
Nazarda doʻst soʻzin, Charxiyo, zahar demagin,
Alam qilurmu nish ursa berib shakar yantogʻ?

Bulbul Ersa

Keltirar elga nadomat nafs uchun sayyoraligʻ,
Ming baloga yuzlanib ham yuz tuman ovoraligʻ.
Ya’ni nomard xonidan minnatli yutgan nondan,
Har nechuk davlatdin ortiq bekasu, bechoraligʻ.
Har qayu nodon ne bilsin suhbatu soʻz qadrini,
Aylagay u dilni gavhar porasin yuz poraligʻ.
Xalq rizosi kimyo aylar vujudingni koʻngul,
Keltirar el ranjishi har kimga baxti qoraligʻ.
Bulbul ersa hamnishining zogʻdek savt aylama,
Suhbati ming boralik boʻl boʻlmagin bir boraligʻ.
Pandi oqil surat orolarga ta’sir aylamas,
Zohiri insonga oʻxshar, qalbi mahzi xoraligʻ.
Shivaga lab ochma, Charxiy, tut sabrning domanin,
Sin butunga but-butun boʻl, yorliqqa yoraligʻ.
1918 yil.


Saodat Ahli

Saodat ahlimu el manzili ulugʻ dargoh,
Hamisha baxt uning holidin boʻlur ogoh.
Dil u tilida vafo rasmi bu zamona elin,
Qilur biri biriga mehribon nazarda nigoh.
Na gʻam dilida, na qaygʻu bu davr ahlida kim,
Oʻz erki shohididur tolei hamisha guvoh.
Chiqar tarannumi ushshoq visol bodasi-la,
Na hajr shomida andux, na vasl uyida oh.
Muborak el qadami qaysi choʻl aro yetsa,
Yetushdi shul kuni goʻyo karamli pushtu panoh.
Chiqardi tashna zamin bagʻriga chin obihayot,
Koʻkardi koʻksida har rang shifoli mehri giyoh.
U bir giyoh demayin bu duru javohirlar,
Koʻrindi koʻzga, oq oltin misoli mehr ila moh.
Tatib tuzin bu muqaddas vatanga kim xoin,
Zalidu xoru nadomat bilan oʻtar gumroh.
Samimiy niyat ila Charxiyo qalam tebrat
Hamisha xalq madadgoru menga baxt hamroh.

Masnaviylar

Yon Daftardan

Yor boʻlma bolam husnfurushga,
Qoʻshma asaling xamirturushga.
Har kimga hasad bilan soʻz otma,
Mehmonni yomon qilib kuzatma.
Kesma tugamay birov soʻzin hech,
Bu bemaza fahm bahridan kech!
Osh kelsa tovoqni egri surma,
To toʻyguncha, yeb, yana nah urma.
Majlisda havoyi otma hurrak,
Zehni yugururga, boʻl yugurdak!
Esnovda ogʻizni ochma, karrak,
Yengingni ogʻizga toʻsgin andak.
Mard boʻlsang adab bilan ulangin,
Har joyda etakning qoqma changin
Kekkayma boshingni salcha ham qil,
Yurish-turishingni kamhasham qil.
Chap koʻz xafalansa oʻng koʻzingdan,
Soʻrgil sababin oʻzing-oʻzingdan.
Oyinaga boq qarab yuzingga,
Ber mayli bahoni oʻz-oʻzingga.
Tanglik bilan qiynama oʻzingni,
Chehrangni ochib degin soʻzingni.
Ozoda makonni aylab iflos
Boz ustiga tortma ayyuhannos.
Pat-pat aravang damin oʻchirgin,
Yo boʻlmasa qoʻshnini koʻchirgin.

Farzandimga Nasihatim

Agar farzandim ersang, ey jigarband,
Hamon jonu diling birla eshit pand.
Senga qattiq soʻz aytsam, angla yumshoq,
Yoʻlingda ba’zi yoʻl botqogʻu taygʻoq.
Qachon yursang yoʻlingni tozalab yur,
Qadamni yoʻl bilan andozalab yur
Toyilma nafsni deb zinhor-zinhor,
Yomon ulfat toyiltirmoqqa tayyor.
Uyatsiz kim esa, sen unga yot boʻl,
Falokat yoʻlga boshlar, ehtiyot boʻl.
Takabburlik bilan boqma birovga,
Oʻzing aybingniham toqma birovga.
Qadrdon soʻzini tinglab quloq sol,
Yomon andishani oʻzdan yiroq ol.
Kishining baxtidur odobu axloq,
Kishilarning goʻzal axloqiga boq.
Erur odob kishin husni, jamoli,
Chiroyli xulq uning baxtu kamoli.
Adabdin yuz oʻgirmas yaxshi farzand,
Yomon hech yaxshiga boʻlmaydi payvand.
Hayotning lazzati, qadri-shu odob,
Qayerda mehribon doʻst boʻlsa, sen top.
Qayu inson yoʻliqsa mehribon boʻl,
Yomondin oʻzni saqla, to omon boʻl.
Zararli har havasga berma koʻngil,
Adashma yaxshi yoʻldan, chin soʻzim-shul.
Kechirma qalbaki hargiz hayoting,
Jahonga qoldirib ket yaxshi oting.
U damdin to bu dam bedor kelding,
Hamon hushyor ket, xushyor kelding.

Bahor Tongi

Tong yorishdi, quyosh chiqdi magʻrur,
Sochdi olam yuziga zarrin nur,
Dil uning nuridan ziyolandi,
Shu’lasidan Vatan jilolandi.
Zarra – zarra sochardi nur quyosh,
Tovlanardi shu damda togʻu- tosh.
Har havasli koʻngulda zavqli bahor,
Har chaman gul bisotidin gulzor.
Dil yorugʻdir bahor koʻklamidin,
Fayz olur havoning shabnamidan.
Lolalar tugmasini tugmishdir,
Barg yozib gul shoxini egmishdir.
Mevalar rang-barang toʻkib gullar,
Yozilur koʻrganida koʻngillar.

Navroʻz Sharafiga

Ey shodli koʻngil zafarli xoma,
Yoz navroʻz uchun sharafli noma.
Iqboli baland zamonamizning,
Har oila, ota-onamizning.
Biz baxtli, ulugʻ bu hur zamonda,
Tarix koʻzi koʻrmagan jahonda.
Bemisl hayotimiz farovon,
Na gʻam dilimizda-yu, na armon.
Har chehrada fayz navbahori,
Har dilda vatanning iftixori.
Bogʻ sahnida gʻunchalar yuz ochdi,
Anvoyi chaman boʻyini sochdi.
Koʻrgach hamma doʻstlar quvongay,
Bir-biriga muhabbat oʻti yongay.
Insonga gʻanimatu vaqti chogʻliq,
Bir-birlari birla ittifoqlik.
Toʻy ustiga boʻlsa yangi toʻylar,
Obod mahalla koʻcha-koʻylar.
Har cholu kampir xumori yaxshi,
Baqiroq tuyalarning bori yaxshi.

Shifoxona

Eshiting doʻstlar-qadrdonlar,
Qalbi pok chehrasi gulistonlar.
Keldik ushbu makonga-nonu nasib,
Sogʻ yashaylik, umrimiz gʻanimat deb.
Bunda oʻz erkiday topib imkon,
Dam olur ham shifolanur inson.
Mutaxassis necha shifokorlar
Dard elin dardiga davokorlar.
Har tomondan bu yerda doʻstlar jam,
Hammamiz ham shifolanib, bardam.
Oramizda necha ayollar edi,
Xoʻb raso fikri barkamollar edi.
Birlari mehribonu jonparvar,
Birlari olima, biri rahbar.
Birlari olimi zabardastdur,
Qalbimiz qalblariga payvastdur.
Birimiz koʻp hunarga mohirdur,
Biri kamtar, kamina shoirdur.
Bizga manzil bugun shifoxona,
Hashamatli, chiroyli koshona.
Koʻkragi toqqa mutassil erkan,
Fayzli, xush havo Vodil erkan.
Ustida jilvalansa koʻhsori,
Pastida yam-yashil daraxtzori.
Begʻubor, keng havosi, chashmalari,
Zarra-zarra suvida chashnalari.
Qayga qoʻymang qadam – shinam joylar,
Sharqirab, erkalab oqar soylar.
Ya’ni oliy binosi ikki qavat,
Har qavat xona gulshani jannat.
Toʻshalib yoʻlaro poyandozi,
Berilar kunda yangi pardozi.
Katta ayvon chiroyli oyinaband,
Hamma eshiklarda gulpayvand.
Charx urib keldimu davolandim.
Dard ketdi, shukur, shifolandim .
25 iyul' 1970 yil
Vodil sanatoriysi


Qizim Mehrixonga

Avvalgi salomimning soʻngi sozi,
Navbatdagi charxning ovozi.
Ota-ona mehrisen, valekin,
Maqsading kamoli asta-sekin.
Jon bolam-salomating tilayman,
Har damda saodating tilayman.
She’riy xatimni havas etibsen,
Ulgurji murod uchun yetibsen.
Ammo bu, gʻazal shirinu achchiq,
Gohi boʻlur va gohi sanchiq.
Sen kosib ipakchining qizisen,
Sal xomsanu pishsang-ildizisen,
Pishmogʻliging istasang agar koʻp,
Koʻp qayna hayot qozonida xoʻp,
Ip ham pishisa boʻlur u mahkam,
Mazmuni ipakdan boʻlmagay kam.
Mazmunsiz agar pishirsa kim osh,
Na tanga huzur berar, na bardosh.
Kam ayla havas, haroratingni,
Ilm ila oshir mahoratingni.
Har kasb-hunarda bor riyozat.
Ranj chekmasa topmagay kamolat.
Tobingni baland qilu boʻshashma,
Haddingda turu toʻkilma-toshma.
Bilgandan oʻrganish emas or,
Bilmakka kim etdi or, qolur zor,
Men boru senga shu xil soʻzim bor,
Ranjima qizim, soʻzimga zinhor.
Boʻlma sira noumid, umid ila qayt,
Yoshlik chogʻi bilki,bebaho payt.
Har kimga ham astar-avramasman,
Jogʻ charchadi, endi javramasman.
Xayr endi, soʻzimni qisqa aylay,
Bu qissada soʻzni hissa aylay.
Mendan hammangizga ham salomim,
Yetsin bu varaqdagi payomim.
Har lahza duoda yod eturman,
Bu yod ila dilni shod eturman.
Yozdi bu gʻazalni qiblagohing,
Sernash’a hayot uchun guvohing,
Salom bilan dadang Charxiy.
1961 yil 26 mart.


Murabbalar

Sogʻindim, Ey Gul

Sogʻindim, ey gul, sening jamoling,
Qaro koʻzingdin koʻngil uzolmay.
Kel, ey nigorim, koʻzi xumorim,
Xumori boʻldim seni koʻrolmay.
Niholi guldek bu qaddi basting,
Yonar koʻzimda nigohi masting.
Bu ishq oʻtining haroratidin,
Qalamni oldim chidab turolmay.
Qayu nishoni mijjangning oʻqi,
Qadalgan erkan yuraklarimga,
Judoligimdir bu bir tarafda,
Azob etarkim bu gʻam tuzalmay.
Jahoni olam menga qulurlar,
Bu bexabarlar nechuk bilurlar,
Qaro koʻzingdin, shirin soʻzingdin,
Mena oʻzingdin alar burolmay.
Esiz u damlar mohi jamoling,
Tunida jodu koʻzing qizartib.
Hanuz koʻngildan ketar bu armon,
Qizil sharobing quyib berolmay.
Dema, qoʻy endi havaslaringni.
Sogʻindim otash nafaslaringni.
Yetarga yoʻqdir tanimda darmon,
Ikki qoʻlimni tiyab turolmay.
Hamisha Charxiy soʻzingga vola,
Saboga arzing qilib havola,
Yubordi qosid qoʻlidin, ey gul,
Sogʻinganidan chidab turolmay.
1926 yil.


Bayon Derman

Doʻstlar, chin koʻngil arzin
Aylayin bayon derman.
Har yaxshi-yomondan ham
Bir nomu nishon derman.
Toʻgʻri yoʻl baqolik yoʻl,
Mard esang vafolik boʻl.
Qingʻir boʻlma olamda,
Topmaysan omon derman.
Yolgʻon elga yot boʻlgay,
Rostlikda najot boʻlgay.
Egri yoʻl siri bir kun
Boʻlgusi ayon derman.
Dunyo senga jon boʻlsa,
Niyating yomon boʻlsa,
Maqsad togʻidan oshmay,
Agʻdarur dovon derman.
Elni intizor etma,
Choʻp boʻlsa-da, xor etma,
Zarra elni xor tutsang,
Turmushing gumon derman.
Tinch boʻlay desang sen chin,
Buzmagin birov tinchin,
Tinch hayot uchun bilgil,
Mayli ketsa jon derman.
Xoh yoshu qari boʻlgin,
Odam gavhari boʻlgin,
Insonparvar odamga
Hamma mehribon derman.
Nomardda vafo boʻlmas,
Chin doʻstlar judo boʻlmas.
Avval yor boʻlib, oxir
Ayrilgan yomon derman.
Charx urib jahon kezdim,
Dilga bilganim tizdim.
Yaxshilarga yondoshdim,
Topmadim ziyon derman.
1961 yil.


Vafodan - Vafo

Ista koʻngul yor esang
Qalbi safodan-safo.
Boʻlma yaqin, tegmasin
Bagʻri qarodan – qaro.
Sidqu safodan topar
Bahra diling koʻzgusi.
Yoʻqsa jafo keltirur
Kizbu riyodan-riyo.
Elga ochiq chehralik
Baxtu saodat erur.
Jonga halovat berur
Sharmu hayodan-hayo.
Kimga ne ohang ila
Bunda nido aylasang,
Unda qulogʻingga shu
Aksi sadodan-sado.
Dardga chuchuk til-davo
Har necha bemor uchun.
Ol qidirib, yolborib,
Soʻzi shifodan-shifo.
Bogʻla vafo rishtasin
Boʻlsa chin ahboblar.
Aylab oʻzingni mudom
Mehri judodan-judo.
Davr omon bermagay
Kimki badaxloq ekan.
Chunki yomon topmadi
Yaxshi davodan-davo.
Qolsa hayotingda bir
Mehnat, ilm, ezgu nom.
Yurtu eling boʻlgusi
Xalqi rizodan-rizo.
Charxiy, mudom yaxshilar,
Maqdami tuprogʻi boʻl.
Yetsa senga shoyad ul
Ahli vafodan-vafo.

Malohat

E nozanin dilbar, koni malohat,
Hech yetmasin nozik qaddinga ofat,
Ruxsoringdan toʻlin oy ham xijolat,
Senga jonim bilan qildim itoat.
Boshla yorim, oʻzing yurgan gulshanga,
Shahlo koʻzing tushgan goʻzal chamanga,
Tasadduq jon seni quchgan Vatanga,
Koʻzim toʻymas, qilsam sayru sayohat.
Koʻngil qushi uchdi senga havolab,
Yetmak uchun sayr ayladi fazolab,
Husning sham’in atrofidan qiyolab,
Charx urarman parvonadek nihoyat.
1960 yil.


Sadagʻang Ketay

(Sobir Abdulla maktubiga javob)
Sen oʻzing kechir meni, Sobiro,
Aziz ulfatim, sadagʻang ketay.
Tilagim mudom sening sihating,
Xabarim-xatim, sadagʻang ketay.
Uzayin desam necha qarzimni,
Sen eshitmading mening arzimni.
Choʻzilib ketib kasalim axir,
Yoʻq halovatim, sadagʻang ketay.
Koʻtarurga dard yukini netay,
Jasadim filu suyagim poʻlat –
Esa koshki Bobo togʻidek
Qaddu qomatim, sadagʻang ketay.
Buning ustiga shimarib bilak,
Yogʻaverdi qor, “koʻtarib etak”
Chiqa olmasam koʻcha-koʻy aro,
Bu malomatim, sadagʻang ketay.
Menga bir akam qilibon shama,
Dedi: qor bilan hazil oʻynama.
Ana ta’nalar, xira nagʻmalar,
Bu malomatim, sadagʻang ketay.
Tutagan kabi qaragʻay oʻtin,
Qora moʻridan chiqarar tutun
Oʻshalarga bop, oʻshalarga xos
Mening nafratim, sadagʻang ketay.
Oʻzini koʻrar, oʻzini sevar,
Na toʻsindir u, na ustun, ajab,
Oʻziga oʻzi berishar baho,
Gala savlatim, sadagʻang ketay.
Moʻralab quyosh hamal avjidan
Sochibon chiqar u yorugʻ nurin.
Mana endi yoz yana moʻl unum,
Qavatim-qatim, sadagʻang ketay.
Hamma doʻst-oshno bir koʻzu qoshlar,
Qarilar uchun suyanchiq yoshlar...
Yana Charx urib tilagim kamol,
Biri Zavqiyu, biri Nisbatim,
Biri Furqatim, sadagʻang ketay.

Kitob

Bildim, bashar dunyosida
Jism ichra goʻyo jon, kitob.
Jondan aziz ne boʻlsa ham,
Undan shirin jonon, kitob.
Undan mudom koʻzlarga nur,
Ilmu adab, ongu shuur,
Dilga huzur, jonga surur,
Qadrin bilar inson, kitob.
Ziynatlanur undan hayot,
Fan olami ham koinot,
Undan sabot, undan qanot,
U bir jahon, boʻston-kitob.
Har bogʻni bulbul, zogʻi bor,
Goho xazondan dogʻi bor,
Ammo elim bir bogʻi bor,
Doim bahoriston - kitob.
Har subhu shom hamroh ul.
Kunduz quyosh, tun moh ul,
Kim sevsa gar ogoh ul,
Darding uchun darmon, kitob.
Charxiy, kitobdir hamdaming,
Ham hamdaming, ham mahraming,
Zavq birla toʻlgan har daming
Mehmon ham mezbon ham kitob.

Ey Koʻngil

Ey koʻngil, ixtiyor qilsangchi!
Qissai guluzor qilsangchi!
Himmating sad-hazor qilsangchi!
Toki jonga mador qilsangchi!
Nega bir gul fidosi qilmishsen,
Bodadek bir qadahda toʻlmishsen.
Yoshlik jomidan toʻkilmishsen
Qaytadan barqaror qilsangchi!
Shomi hijron ketar, nahor kelar,
Yor kelar-yor bilan mador kelar,
Qish ketib, yoz bilan bahor kelar,
Qishni ham lolazor qilsangchi!
Tilagim-baxti bezavoli uchun,
Talabim qadr ila kamoli uchun.
Men-ku bir muntazir visoli uchun,
Uni ham intizor qilsangchi!
Qoldirib yaxshilar shirin oʻyini,
Elga tarqatmayin hasad boʻyini,
Hasad etgan raqiblarim uyini,
Gʻam bilan tor-mor qilsangchi!
Garchi sochim oqardi qor yangligʻ,
Lek koʻnglim hamon bahor yangligʻ
Charxiyo, gul tutarda yor yangligʻ,
Kamtarinlik shior qilsangchi!
1977 yil.


Nabiram Nodirjonga

Nodir, senga mendan salom
Sendan xizmat bizdan kalom
Sogʻligingni tilab mudom
Omon boʻl, der opogʻdadang.
Uzoqdasan, koʻngil yaqin
Hayotimiz tinch-yoʻl yaqin
Ham yoʻl yaqin, ham dil yaqin
Eson boʻl, der opogʻdadang.
Postingda boʻl xushyor bolam
Ziyrak boʻlu har bor, bolam
Vatan uchun darkor, bolam
Polvon boʻl, der opogʻdadang.
Kim senga bosh, ajrin bajar,
Aslo, aslo boʻlma oʻjar,
Kim toʻgʻridir baxtni quchar,
Inson boʻl, der opogʻdadang.
Yurt farovon benihoyat,
Joning bilan etgin xizmat,
Xizmatingga qilma minnat,
Chaqqon boʻl, der opogʻdadang.
Xating koʻrib etdim ijod,
Buving oʻqib xoʻp boʻldi shod,
Seni doim aylarmiz yod
Eson boʻl, der opogʻdadang.
Doʻstlaringga mendan salom,
Ham raxmatu ham ehtirom,
Boʻlib doim xush intizom.
Doston boʻl, der opogʻdadang.
17 mart 1977 yil


Muallimlar

Yoʻllagaymiz behad salom,
Ey mehribon muallimlar.
Ta’zim sizga qalbimizdan
Jahon-jahon, muallimlar!
Hayotimiz intizomi,
Bani bashar ehtiromi,
Sizdan toʻlar maqsad jomi,
Jonga darmon muallimlar.
Siz murabbiy inson uchun
Har tolibi urfon uchun,
Rahnamosiz vijdon uchun,
Qalbi boʻston muallimlar.
Siz-bogʻbon, biz-bogʻingiz,
Hamisha koʻz qarogʻingiz,
Toʻtiyo-iz tuprogʻingiz
Bizga har on, muallimlar!

Kirib Boʻstonni Kezdim

Kirib boʻstonni kezdim asta-asta,
Chamanning bulbuli gul xori asta.
Qadingga nozanin gul dasta-dasta,
Jamoling koʻrgali olam havasda.
Na jonda orazing boʻldi Xuvaydo,
Koʻngilda mehru ishqing boʻldi paydo.
Binafsha kokiling boʻyiga shaydo,
Sanobar qaddi shamshodinga basta.
Takallum bogʻida toʻtini bogʻlab,
Giriftor ayladi koʻksini dogʻlab,
Chaman bulbullari yoningda yigʻlab,
Seningdek gul chekar qumri qafasda.
Alamlidurmanki bagʻrim ezarman,
Seni deb dashtu sahroni kezarman,
Taxayyur kunjida ravnaq kezarman,
Quling Charxiyga nozing boʻldi basta.

Muxammaslar

Zebo Qoʻqon

(Mushoira)
Ey azamat hur Vatan, bolangdir zebo Qoʻqon,
Nazmu nasr gulshani, san’ati a’lo Qoʻqon,
Barcha yuraklar sening zavqingga oshno, Qoʻqon,
Qalbida chin ma’rifat nurlari paydo, Qoʻqon,
She’riyat iqlimi deb ayladik insho, Qoʻqon,
Nodira, Mahzunaning davrada qadri baland,
Bir necha hattotlar senga boʻlib mehri band,
Shori Mirzo, Gʻarib, Hamza, Zamiriy, Pisand,
Mard elim ilhomidan she’rining mazmuni qand,
Madhing uchun anjuman ayladi paydo, Qoʻqon.
Tinglamadi kar davr ahli qalamdan tonib,
Boʻldi Vatandan judo Furqat oʻtib, oʻrtanib,
Hujrada nur istabon ketdi Muqimiy yonib,
Zavqiy yovuz bandida yotganda toʻlgʻanib,
Berdi zamonam senga erk ila oro, Qoʻqon.
Kunda chiroying ochar mardu vafodorlaring,
Olima, olimlaring, ishchi fidokorlaring,
Qoʻshgay umrga umr yaxshi shifokorlaring,
Yangi hayot darsini berdi ziyokorlaring,
Har biri fan mash’ali –bu Ali Sino, Qoʻqon.
Ming yasha, yurtu elim, madhu tarona senga!
Hurmati soz tarbiyang, rahmatim, ona, senga!
She’rga bashar ragʻbati – mehri nishona senga!
Qutlugʻ peshonang silab boqdi zamona senga!
Xalq sevadi shu sabab husningga shaydo, Qoʻqon.
Piru badavlat hamma, koʻrku jamoling tilar,
Faxri baland keksa-yosh, kampiru choling tilar,
Sharbati obi hayot mavji ziloling tilar,
Yonida Komil bilan Charxiy kamoling tilar,
Gurkira toʻlqin urib, nisbati daryo, Qoʻqon.

Qalam Mustazodi

(muxammas)
Hayotim ichra oʻzing oliy himmatim, qalamim-
Ki, sohibi karamim.
Koʻngilningdardiga hamdard, ulfatim, qalamim,
Hamon faraxli damim.
Umrning lazzati. Fayzu sharofatim, qalamim,
Xazinasan deganim.
Dilimda otashi ishqu, haroratim qalamim,
Hamisha istaganim.
Kezarda fikrim ochib, birga sayri bogʻ qilasan,
Gʻamim yiroq qilasan,
Qogʻozda yoʻrgʻalashingdan dilim buloq qilasan,
Serishtyoq qilasan.
Necha gohi adashsam, tutib soʻroq qilasan,
Meni sinoq qilasan,
Sahifa ustida nozik ishoratim, qalamim,
Binoi muhtashamim.
Koʻzimga nur , dilimga sururu tanga mador.
Hamisha laylu nahor,
Soʻzimga husnu yuzimga ziyo, bu haqli shior,
Tashakkurim ming bor,
Muhabbat ahlining har bazmida vafoli nigor,
Inoq, hamdamu yor,
Sening bilan qishu yozim hamishadir gulzor,
Tuganmagay zinhor,
Sening bilan bu huzuru halovatim, qalamim,
Hayoti muntazamim.
Seni avaylab, oʻzimni qilib fido tutaman,
Shu muddao tutaman,
Oʻpib-oʻpib yuzu koʻzga surib bajo tutaman.
Dilimda jo tutaman,
Baxilning ilgida boʻlmoqni, noravo tutaman,
Unga aso tutaman,
Sahiy qoʻlin uzatur boʻlsa marhabo tutaman,
Bilib ravo tutaman,
Kamina Charxiyga ayni saodatim, qalamim,
Vafoli muhtaramim.
1960 yil.


Bir Laganbardor Mayparastga Dakki

Sening sarguzashting baland, gohi past,
Kecha soʻfi erding, bugun mayparast,
Tinimsiz icharding, boʻlib mast-alast,
Yuzing za’faronu oʻzing dastma-dast,
Shu oʻtmishingga nima ham deysan,
Gapiray deysanu gapirolmaysan.
Qullobi nafasing keng Buxorogacha,
Yutarding nahangdan ajdahogacha,
Agar Pop oʻlmasa Sirdaryogacha,
Oqibat yetibsan shu savdogacha,
Diling yoʻq, tiling yoʻq, nima ham deysan,
Gapiray deysanu gapirolmaysan.
Amal avjida ish taroqqo-turiq,
Vale odamiyatda surpang quruq,
Choʻzilsa, koʻpaydi necha el urugʻ,
Choʻzildi, choʻzishmas esa yoʻl-yoʻriq,
Balo iblisisan, nima ham deysan,
Gapiray deysanu gapirolmaysan.
Ishga yoʻq, ulushga juda chaqqonsan,
Bir kuni tulkisan, bir kun qoplonsan,
Suv oqar tomonga qarab oqqansan,
Mushukdan bez tilab, bezga yoqqansan,
Bir ulugʻ dargohda qoʻtir echkidek
Surkanib qolgansan, nima ham deysan.
Ish berdi ishingga bu yelimliging,
Shaytonni darsidan yo bilibmiding,
Aybingni yashirdi “patxalim”liging,
Bilinmay ketdi-ku beilimliging,
Har qanday nafrakning kir libosiga
Burkanib olgansan, nima ham deysan.
Bir kasbing igʻvogar, fasod turmushing,
Birovlar tinchini buzishdir ishing,
Oʻtar gʻamda yozing, alamda qishing,
Zarardur, zarardur butun qilmishing,
Gapir, ey baloxoʻr, nima ham deysan,
Gapiray deysanu gapirolmaysan.
Oilang, farzanding xijolatdadur,
Mabodo odobga yetkizsa putur,
Oʻzing bexijolat, uying behuzur,
Gʻing etsang, degaylar oʻzingga gapir,
Chunki, sen ichovrib, la’nat loyiga
Belanib ketgansan, nima ham deysan,
Gapiray deysanu gapirolmaysan.

Kechasi

(Surmaniso gʻazaliga Charxiy bilan Komil Joʻra muxammasi)
Tun qorngʻusidan oʻtgay shomi hijron kechasi,
Yor vasin topmagan oshiqqa armon kechasi,
Partavi husningni tashlab lutfu ehson kechasi,
Bazmdin beparda chiq zinhor jonon kechasi,
Orazingdin burqa och ey , mohitobon kechasi.
Qilgusi qarshingda ta’zim u fazo Zuhrosi ham,
Har dam el aqlini olmish qomating zebosi ham,
Egma qoshing xanjari ham, koʻzlaring shahlosi ham,
Koʻnglimi oshiftahol aylar soching savdosi ham,
Sunbulingni qilmagil ey, gul parishon kechasi.
Kuymasin sham’i visolingni nihon tut xalqdin,
Lablaring ustida xolingni nihon tut xalqdin,
Sarv qaddi bemisolingni nihon tut xalqdin,
Mohitobonim, jamolingni nihon tut xalqdin,
Sham’i yangligʻ diydalarni qilma giryon kechasi.
Dars olur ushshoq eli har dam kitobi zulfidan,
Yetmasin deb qahr koʻnglimga itobi zulfidan,
Shul sabab dillar parishon inqilobi zulfidan,
Lam’ayi ruxsori zohirdir niqobi zulfidan,
Garchi boʻlmaydir quyosh chiqmoqqa imkon kechasi.
Yoʻllaring uzra sochilmishdir koʻzimning gavhari,
Tan qolib ketgay izingdan jonu koʻnglim ilagri,
Ne ajabki, yoʻllaringga koʻzlarim boqqan sari,
Kunduzi harchand pinhonsan koʻzimdan, ey pari,
Oy yuzingni men gʻaribdan qilma pinhon kechasi.
Boʻlmadim xushnud hech dildor birla may ichib,
Lolarang yuz, koʻzlari xummor birla may ichib,
Aqlim olgan ul shakar guftor birla may ichib,
Subhidam to shom sen agʻyor birla may ichib,
Men qilurman koʻzlarimdan gavharafshon kechasi.
Koʻkda yulduzlar emas, u tanda qonim oʻtidin,
Shul sabab osmon chaqin chaqmish bayonim oʻtidin,
Komil ishqim Charx davrida nishonim oʻtidin,
Surmaso, baxtim qaro boʻldi figʻonim oʻtidin,
Elga koʻproq zohir oʻldi lek afgʻon kechasi.
1963 yil.


Nishon Bersa

Koʻngil shod oʻlgusi oʻz tinchidan doʻstlar nishon bersa,
Etar koʻklarda parvoz kim sevib kaptarga don bersa,
Chiqarmi yaxshilik hech bir yomonga yaxshi yon bersa,
Unar yer bagʻridin gul yerga kim obi ravon bersa,
Quruq qoʻymaydi bogʻim parvarishni bogʻbon bersa.
Ketishni istamas qush yashnagan osuda maskandan,
Muattar boʻy taratgan gullari ozoda gulshandan,
Chiqar mehnatga gʻayrat ish sevar har bitta sogʻ tandan,
Hayot ustozi ta’lim bergusi har kimga har fandan,
Bilimda shuhrat olgay kimki a’lo imtihon bersa.
Qilib xalqingga xizmat yaxshi nom qoldir sadoqatda,
Boʻlib ahdingga sodiq, nomusingni saqla hurmatda.
Rasolar oldida sen oshma haddingdan nihoyatda,
Uzatsa choʻpni doʻsting, ol koʻzingga surtib albatta,
Qoʻlidan olma oltin, bagʻri gar bir badgumon bersa.
Jafokash kutsa yordam dardiga mehring-la malham boʻl,
Yoʻlingdan chiqsa gar qov parchalab ot, qaytma,bardam boʻl,
Olu oldirma aslo, har bir ishda puxta, ildam boʻl,
Gʻarazsiz, oriyatli doʻst topib oʻlguncha hamdam boʻl,
Kishiga minnat etmas kimga u bir burda non bersa.
Topar inson kamolat bu ulugʻ doʻstlik ahillikdan,
Koʻkarmas bogʻi aslo zarra qitmirlik, baxillikdan.
Chiroyli yaxshi turmush ham ahillik, ham asillikdan,
Hamon yakdil boʻlu qalbingni saqla xilma-xillikdan.
Ishonma dushmaning makri-la senga ming jahon bersa.
Birovlar mulkini toptash emas insonga sarvarlik,
Tilida xayrixohu dilda ersa boshqa rahbarlik.
Haqiqat gar yurakka bermagay hargiz muqarrarlik,
Kishiga baxt emas nomard ila doʻstu birodarlik,
Saodat shul erur mard oldida mardona jon bersa.
Oʻqib odobni oʻrgan elni sevgan jonajon eldan,
Talab ayla vafoni koʻngli yumshoq mehribon eldan,
Adolat hukmin ijro aylaguvchi qahramon eldan,
Saodat nuri porloq baxt yaratgan pahlavon eldan,
Qabul etma qoʻlingga bagʻri tosh gavhar nishon bersa.
1958 yil.


Uvaysiyga Muxammas

Fido jonim seningdek dilbari shirin suxan yora,
Mudom koʻnglim qushi koʻying havosi uzra sayyora,
Kezib olamni hijron dardiga topdim bugun chora,
Zaboningni keturgil e shakarlab toʻti guftora,
Nechukkim marhamat boʻlsin meningdek oshiqi zora.
Malomat etsalar holimga ayb ermas jahon ahli,
Gʻamim yoʻq dilda rozim soʻrgali sen mehribon ahli,
Umid ostonining majnuni men ham posbon ahli,
Meni “Loyadhulu” deb mahrum etma bogʻbon ahli,
Azal dehqoni bagʻrim qonini sochmish bu gulzora.
Jamoling koʻrgan oshiqlarni yoʻq koʻnglida hech armon,
Kerakmas huru jannat gul yuzing oldida, ey jonon,
Humorim haddan oshdi mast bulbuldek chekib afgʻon,
Darigʻ etma, xarobat ahli deb, e soqiyi davron,
Payopay tut qadahni tashnalab oʻlgan bu xummora.
Tilarman bodai vasling muhabbat soridin doim.
Mashomi qalbima boʻyi karam gulzoridin doim.
Tutar koʻz vola Charxiy va’dai diydoridin doim,
Uvaysiy yuz jafo koʻrsang haqiqat yoridin doim,
Oʻgirma yuzni, ondin solma koʻzni oʻzgsha dildora.
1926 yil.


Tuturiqsiz Bir Shoir Haqida

Shoir oʻrtoq avvalo siz dilga zavq-shavq paydo qiling,
Soʻngra chin soʻzni toʻqing mazmunlarin zebo qiling,
Qopiya tang kelsa ham dilni oqar daryo qiling,
Bir yigirma qirq hunar oz hammasin a’lo qiling,
Ayb emas bir surnay olib, sovti nasrullo qiling.
She’r boshvoqsiz chavandoz ot emas anjom emas,
Toʻrt metrli lattadan tashlab olur ehrom emas,
Magʻzi puch mehmonga savlat berguvchi bodom emas,
Yoki yoz yomgʻuri birlan lola ochgan tom emas,
Xalqimizga puxta manzur bulgʻudek sovgʻa qiling.
Shoir ahli koʻcha kuyda yurmagay ma’jun sotib,
Nooʻrin da’voni aldar xaltasidan rang sotib,
Har qadamda afsus olib oʻrniga attang sotib,
Hamma gap sotganda siz ham soʻzni toru tang sotib,
Rastadan mayli doʻkon topib gʻazal savdo qiling.
Usta koʻrmay ustalik da’vosin etmay peshasin,
Bilmayin oʻrmang tegirmonga juvozkash teshasin,
Randalashda hoʻl yogʻoch tobin biling andishasin,
Surkanib har yonga sindirmang muhabbat shishasin,
Obroʻ darkor esa har joyda istigʻno qiling.
Garchi iste’dodli dehqon boʻlsa ham aylab adab,
U Mirishkor bagʻbondin tajriba aylar talab,
Hovliqishni pakkasi bor qiynamang sochni tarab,
Shoti qoʻymay tomga intilgan qolur labni yalab,
Misli mehnat birla ishlang qip-qizil tillo qiling.
Koʻrinur ogʻir tabiat suvga toʻldirgan chelak,
Chek soʻzsiz savlatidan hech pisand etmas elak,
Tut bilan qomat taloshib mevasiz qoldi terak,
Shul sabab sal pal uzangudan tushing boʻlsa yurak,
Elmu hilmu kamtarinlik shevasin barpo qiling.
Jamiyat qalbi gulistonu haqiqat manzili ,
Xalq nazargohida doim turgusi shoir dili,
Kimki adobila soʻz der sinmagay hargiz beli,
Objoʻvoz poykoʻpi ermas poymo po oʻrsa keli,
Sizga bu doʻstona pandim hoxi qilmang hox qiling.

Dumaloq Jonkuyar, Yumaloq Imzo

Tabiat olami yoqtirmasa ham,
Yoʻliqar ba’zi bir mushkul muammo.
Insonlik sharafin dogʻlatgan, ya’ni
Bir guruh muttaham, bir zambar igʻvo.
Dumaloq jonkuyar, yumaloq imzo.
Sinchalak maqsadi har shoxni chogʻlar,
Zindalak nafsini har kimga bogʻlar,
Koʻrnamak mushukdek tomogʻin yogʻlar,
Tuhmatdan yoshlarning sha’nini dogʻlar,
Dumaloq jonkuyar, yumaloq imzo.
Badgumon, badzabon, badtarin kishi,
Muttaham sogʻni ham zaharlar nishi,
Sullohlik hunari, igʻvodir ishi.
Fitnachi, pismiqdir, yuz emas meshi,
Dumaloq jonkuyar, yumaloq imzo.
Adresi noma’lum, fasodi oshkor,
Noma’lum emas u manfur, badkirdor.
Umriga iqroru, erkiga inkor,
Xalq undan norizo, vatan ham bezor,
Dumaloq jonkuyar, yumaloq imzo.
Surkama birovga yuzingni dogʻin,
Shoʻrlatma kadrlar yashnatgan bogʻin,
Tortguncha kishining tutib oyogʻin,
Bir urgin nafsingga botinkang jogʻin.
Dumaloq jonkuyar, yumaloq imzo.
Varagʻing toʻlganda, xating sekinlar,
Varagʻing buzilsa, uradi jinlar.
Magʻzava maqsumlar, ishi xurjunlar,
Burchak-burchaklardan noni tekinlar,
Dumaloq jonkuyar, yumaloq imzo.
Yoʻqotgin igʻvoni, qutul nafratdan,
Sen bilgil, insonlik qadri mehnatdan,
Asrasang oʻzingni bu xil illatdan,
Ulush ham olasan obroʻ, hurmatdan,
Dumaloq jonkuyar, yumaloq imzo.

Bir Qoʻpol Vrachga

Afsuski, falakning gardishi-la,
Bemor yuragimning tashvishi-la,
Keldim shu koʻngilning xohishi-la,
Urding bu yurakka soʻz nishi-la,
Yoʻqsa dilima mador boʻlarding.
Oʻz qadrini bilmagan badaxloq,
Chaqqay kishilar boshida yongʻoq,
Boqqay kishi suratiga ahmoq,
Suratga tikilma, qalbiga boq,
Yoʻq boʻlmas edingu bor boʻlarding.
Avvaliga zamona tanda erdi,
Bir bandaga necha banda erdi,
Senga bu soʻzim pisanda erdi.
Inson seni tugʻmaganda erdi,
Dumlik baqalarga yor boʻlarding.
Insoniy sifat kishin kamoli,
Hayvoniy muomala zavoli,
Yoʻq erdi tanimni hech majoli,
Boʻlsang edi xushsuxan, xayoli,
Bir sohibi e’tibor boʻlarding.
Dardmand kishi arzini eshitsang,
Yaxshi soʻz ila dilin eritsang,
La’nat senga der kishin bezitsang,
Sovuq nafasingni sal ilitsang,
Qish boʻlmas eding, bahor boʻlarding.
Himmat kamarin bogʻlasangdi,
Xizmatga oʻzingni chogʻlasangdi,
Kimsan desangu soʻrogʻlasangdi,
Uch kungina sabr aylasangdi,
Insonligi oshkor boʻlarding.
Davrim keng huquqni senga berdi,
Erkingga havoyu suv yeturdi,
Baxt birla shirin hayot kuturdi,
Iqbol yuzin ochmaganda erdi,
To oʻlguncha xor-zor boʻlarding.
Qobil vrach e’tibori boʻlsang,
Axloqu odobni yori boʻlsang,
Bemor dilini madori boʻlsang,
Charxiy kabi el qatori boʻlsang,
Bir kamtaru xushviqor boʻlarding.
1970 yil.


Idoradaman

(Bir byurokrat buxgalterga duch kelib, ishi bitmay sarson boʻlgan kishi tilidan)
Bir-ikki yilki, bir ishga ajab ovoradaman,
Gahi toboqda qolurman, gahi togʻoradaman,
Gahi navodan oʻtib, nay bilan suvoradaman,
Buxgalter ila bitar deb ishim bu boradaman.
Qoʻlimda har kuni bir arzayu, idoradaman.
Ilik uzildi mahalda bir oz tolgan edim,
Men ham boʻyinni qisishdan juda uyolgan edim,
Netay, na chora, tanobi boʻshab chuvalgan edim,
Bor edi hojatimu qarzga bir uzalgan edim,
Bu qarz qopiga xurjun yamab, suvoradaman.
Na boʻldi, bir nima yetmay,hisob chatoqlashdi,
Koʻngil xira, juda boshdan hushum uzoqlashdi,
Mening bilan kira yov pul tomon inoqlashdi,
Urishmadi, lekinu choʻntagimni qoqlashdi.
Bu mushkulimni yechishda topurga choradaman.
Nainki bir yil oʻtib ham javob:”Erta keling”,
Dedimki, aylama bunday xunob erta keling,
Dediki, ish bugun koʻp, shitob erta keling,
Dedim, tugarmi hisobu kitob erta keling,
Men ham bu erta kelingdan choʻchib, kanoradaman.
Birov qoʻshib yesa qoʻysa, biror xurishmi edim,
Jirimni qirsa-yu olsa, moʻmay ulushmi edim,
Ilinsamu tuzogʻiga tushirsa qushmi edim,
Payiki tulki yetolmas baland qanoradaman.
Yoronlar, uchrasa ayting, bu ne balo demasin,
Oʻzini oqu, birovni sira qaro demasin,
Hamisha byurokratlik qilur vafo demasin,
Bu yerda martabam ortiq, kazo-kazo demasin,
Bu hajv surnagim ersa, yana nagoradaman.

Bezoriga

Yaxshiga yondashsang avval, naroso boʻlmas eding,
Norasodan yuz oʻgirsang, bevafo boʻlmas eding,
Zanglagan makruh qozondek qop-qaro boʻlmas eding,
Bangu koʻknoru aroqqa mubtalo boʻlmas eding,
Beadab, beyuz bunday behayo boʻlmas eding.
Ovlading har luqmani bezorilik qarmogʻida,
Ulfating quzgʻun edi-: kezding “Maishat” bogʻida,
Goh ular shoh uzra sen yurding daraxt yaprogʻida,
Onai zor tugʻmaydi bilsa tulgʻoq chogʻida,
Zimziyo boʻlsngdi, boshiga balo boʻlmas eding.
Mard kishi mardlik nishoni mehnati deb aytdilar,
Mehnati-aslo tuganmas shuhrati deb aytdilar,
Mehribonlik shevasi oʻz izzati deb aytdilar,
Oriyat insonning oliy hislati deb aytdilar,
Soʻzni oʻqsang, ushbu kulfatga ravo boʻlmas eding.
Sen yomonlarning buzuq kirdoriga yondashmasang,
Elga nohaq jabr ila ozoriga yondashmasang,
Xavfli hidlar anqigan guftoriga yondashmasang,
Oq padar xilvatnishin bezoriga yondashmasang,
Betayin, bemaslagu bemuddao boʻlmas eding.
Yuzqarolar suhbatida turmayin jilsang edi,
Oqibat sharmandaliklar dogʻini bilsang edi,
Dard kuchaymasdan davo soriga qayrilsang edi,
Necha-necha dakki yeb, insofga bir kelsang edi,
Yaxshi farzand, oilangdan ham judo boʻlmas eding.
Sen kabi yoshlar bilimdon ma’rifat boʻstonida,
Har birin olamcha fikri mardlar maydonida,
Olmading ibrat ulardan bu hayot ummonida,
Boʻlsang erdi tarbiyatda yaxshi inson sonida,
Oru nomusdan bu yangligʻ mosivo boʻlmas eding.
Boʻlmadi hargiz kasofat gʻaflatingdan uygʻotib,
Tepsa tebranmas baloga uchragansan gap sotib,
Bilmayin tekkanni siltib, tegmaganga tosh otib,
Yurmasangdi har tavoqdan bu tekin deb tuz totib,
Sovrilib kunda sazovori jazo boʻlmas eding.
Ba’zi benomus ayollar sen bilan paymon taqib,
Qoʻlda iblis sozi, boshga chambarak qasqon taqib,
Makrila boʻyningga “sirtmoq” soldilar “marjon” taqib,
Sen agarda yurmasang it iskagan rayhon taqib,
Uy buzar, koʻngil buzarga mahliyo boʻlmas eding.
Eldan ajralgan necha mardud shumlardan qochib,
Izgʻigan shillar, zahar, chirkin udumlardan qochib,
Eskilik childirmasin chalguchi dumlardan qochib,
Yursang erdi sha’ni iflos, nomi gumlardan qochib,
Ichmagan suv, yemagan oshga guvoh boʻlmas eding.
Qilmishingdan sen bugun sud oldida mulzam boʻlib,
Oʻltiribsan yuz esa shalgʻam, boshing-chi xam boʻlib,
Et-etingni tirnamoqda yutgan oshing gʻam boʻlib,
Hukm etishdi adl ila odil kishilar jam boʻlib,
Xayf yoshlik chogʻi mahkumi qazo boʻlmas eding.

Pul Oʻlsina-Pul Oʻlsin!

(Charxiy gʻazaliga Sobir Abdulla muxammasi)
Puldan chiqar gʻavgʻolar,
Pul oʻlsina-pul oʻlsin!
Pastu baland da’volar,
Pul oʻlsina-pul oʻlsin!
Yaxshi yomon ma’nolar,
Pul oʻlsina-pul oʻlsin!
Pul deb oqar daryolar,
Pul oʻlsina-pul oʻlsin!
Ogʻdar toʻntar dunyolar,
Pul oʻlsina-pul oʻlsin!
Birov bir pul bilan shod,
Birovi motamsaro,
Birov bunga mubtalo,
Birov unga mubtalo.
Pul koʻp boʻlsa, bir balo,
Pul oz boʻlsa, bir balo,
Qoʻlga keltirgan dunyo,
Usti asaldir, ammo
Ta’mi zuqqum halvolar!
Pul oʻlsina-pul oʻlsin!
Pulsizmisan, ey doʻstim?
Doʻstlar kelmas qoshingga?...
Uzoq boʻlib tuyilding
Yaqin qarindoshingga!
Agar puling koʻp boʻlsa,
Hech kim tegmay gʻashingga,
Nazar solmay yoshingga,
Chiqib olib boshingga,
Solar ne-ne savdolar!
Pul oʻlsina-pul oʻlsin!
Pulsizga:-Chiqing-chiqing,
Pullikka:-Kiring-kiring,
Pulsiz doʻstni qidirmang,
Pullik doʻstni qidiring,
Pulsizga gʻiring-piring,
Pullikka hiring-hiring,
“Dunyo harom!” deganning
dardidir mullajiring,
Kumush qubba asolar!
Pul oʻlsina-pul oʻlsin!
Tekin pul koʻp qay yerda:
Koʻngil boshlar shu yoqqa,
Gʻunajinlar koʻz suzmas
Pulsiz novvos buzoqqa,
Hamyon agar qoq boʻlsa:
Kirmaydi soʻz quloqqa,
Ketolmasdan uzoqqa,
Pul deb tushar tuzoqqa,
Yengil-elpi ”Laylo”lar!
Pul oʻlsina-pul oʻlsin!
Ba’zi pullar boʻlgʻayki,
Oro kirar koʻp jonga,
Ba’zi pullar boʻlgʻayki,
Jonni olar nishonga,
Achinasan, afsus yeb,
Ba’zi qizu juvonga,
Uchib yolgʻon vijdonga,
Tushar ablah insonga
Nozik ado, shahlolar!
Pul oʻlsina-pul oʻlsin!
Yuz borma-yu, bir bor bor
Oʻzing qilma ovora,
Ish bitmaydi, yuz yolbor,
Yuraging qil yuzpora,
Ish bitaru yogʻar qor,
Qoʻlingda boʻlsa pora,
Sen emas, puling darkor,
Ey, sodda dil, bechora.
“Darding” topar davolar,
Pul oʻlsina-pul oʻlsin!
Raqs arzon, yalla serob,
Qistirguvchi koʻp boʻlsa,
“Repertuar” shunga bop,
Qistirguvchi koʻp boʻlsa,
Serpul toʻyni istab top:
Qistirguvchi koʻp boʻlsa,
Buni tashlab, unga chop:
Qistirguvchi koʻp boʻlsa,
Ey, “otar”chi shaydolar!
Pul oʻlsina-pul oʻlsin!


Kam quyadi suvni ham,
Hatto “gaz voda” furush
Xoʻmrayib “taksis” akam:
Bermasang-janjal, urish,
“Non koʻpmasa” yema gʻam,
pul unga xamirtirush,
Oʻltirolmay xotirjam.
Pul dardida yugurish,
Koʻp xurjunsiz “gadolar”!
Pul oʻlsina-pul oʻlsin!
Mehnatsiz toʻplangan pul:
Xavfu xatar qoʻzgʻaydi,
Sobirning istagi shul:
Halolidan boʻlsaydi,
Nashriyot topib ma’qul,
Gonorarlar kulsaydi,
Pulsiz hayot boʻlmaydi,
Ammo xurjun toʻlmaydi,
Charxiy yozar insholar:
Pul oʻlsina-pul oʻlsin!

Fargʻona Paxtakori

Gullagan diyorimning iftixori – Fargʻona,
Yashnagan shu gulshanning gulbahori – Fargʻona.
Toʻla nozu ne’matli mevazori – Fargʻona,
Mehnatu mahoratda jon nisori - Fargʻona.
Barkamol buyuk safning teng qatori - Fargʻona.
Suvlari shifobaxshu sof havosi-la mashhur,
Neftu oltinu pilla, atlasi bilan manzur,
Har taraf charogʻondir, vodiylarda porlab nur,
Tinch hayotidan doim bahramand elim masrur,
Oʻzgacha “oq oltin”ga e’tibori, Fargʻona.
Keldi kelmagan nurlar qancha shahru qishloqqa,
Yetdi yetmagan suvlar tashna choʻlu tuproqqa.
Daryolar jilovlandi, urmas endi qirgʻoqqa,
Qoʻyu mol toʻyib oʻtga, toʻldi sutu qaymoqqa.
Kun sayin rivojlandi chorvadori, Fargʻona.
Ter toʻkib bahor, yozi necha mardi maydonlar,
Qiz-juvonlar, oʻgʻlonlar, keksalar, qadrdonlar,
Siz bilan chaman boʻldi dasht bilan biyobonlar,
Marraga yetib hosil, yuz yorugʻ, yoʻq armonlar,
Qahramon bahodirlar hur diyori, Fargʻona.
Shu ulugʻvor ishlarni aylagan qadrdon xalq,
Dong taratgan olamga qudrati namoyon xalq,
Koʻngli koʻngliga payvand, bir-biriga darmon xalq,
Va’dayu qarori bir, chunki toza vijdon xalq,
Ming yashab kamol topsin paxtakori, Fargʻona.
1963 yil.


Oʻlkam

Yashash bizga sening koʻyningda rohat, jonajon oʻlkam,
Vatan bagʻrida bir koʻrkam chamanzor, mehribon oʻlkam.
Yengilmas, jangda gʻolib, mard oʻgʻillarga makon oʻlkam,
Hisobsiz paxta maydoning oʻsar, oltinga kon oʻlkam,
Fidokorlik bilan ishlab, ketirdik senga shon, oʻlkam.
Ilmning ravnaqi, el doʻstligi mehru vafolardan,
Shifo yetdi tanamga togʻlaring bergan davolardan,
Koʻz uzmak mumkin ermas koʻzlarim topgan jilolardan,
Charogʻon vodiylar qoʻynida har koʻrkam binolardan.
Yasha, choʻli guliston, dashti bogʻu boʻston oʻlkam.
Topib fayz xislatingdan odamu olam tutar yoding,
Kishi iqboliga nurlar sochar har qaysi bunyoding,
Unutmas shafqatingni parvarish topgan hur avloding,
Shirin suvlarni qazgan charchamay bagʻringda farhoding,
Bugun koʻksiga taqdi, ofarin, oliy nishon oʻlkam.
Asrlar qaqragan choʻl bagʻriga obi ravon keldi,
Hazon, pajmurda boʻlgan lola-yu, gullarga qon keldi.
Muqimiy, Zavqiy, Furqat istagan oliy zamon keldi,
Hasad qilguvchilvr oldingda ojiz, notavon keldi,
Qaratding shuhrating-la barchani bizlar tomon, oʻlkam.
Yurakka naqsh etildi aksi gulzor, bogʻ-rogʻingni,
Tanamdan tapti ketmas umrbod qaynoq quchogʻingni,
Umr gulzoriga keldi bahor deyman bu chogʻingni,
Yurak orzusi shulki, koʻrmayin xech zarra dogʻingni,
Saodat qoʻynida doim yasha, boʻlgin omon oʻlkam.

Muqimiyni Xotirlab

Ey, shoir elin zubdayi davroni, Muqimiy,
Jon bulbulining qalbi, gulistoni, Muqimiy,
Haqqoniy koʻngillarning aziz joni, Muqimiy,
Mushtoq hamma dil sham’i shabistoni, Muqimiy,
Ozod elimiz faxri sharaf-shoni, Muqimiy,
Oʻt sochdi zulm davriga ijodu ovozing,
Mazlum fuqaro hamdam oʻlib munisi rozing,
El istagiga joʻr edi dil lavhida sozing,
Endi abadiy asraguvsi xalq bayozing,
Zebo asaring davrning devoni, Muqimiy.
Zikring hamma dam suhbatu bazmi shuarodir,
Yoding yana dil zavqiga qoʻshmoqda jilodir,
Bu bizning hayot istagani sidqu safodir,
Avloding uchun qolsa bu merosi ravodir,
El qalbi haqiqat durining koni, Muqimiy.
Yoding kechasi soʻhbatu kengoshlaring ham,
Jam boʻldi butun qavmu qarindoshlaring ham,
Tayyor bu ziyofatda shirin oshlaring ham,
Obidcha, Gʻaribiy ila Yoʻldoshlaring ham,
Bizlar deyishur eski qadrdoni, Muqimiy.
1949 yil.


Nigor Sen

Noz ofarin pari senu, shirin nigor sen,
Goʻyo latofat olami, xusni bahor sen.
Koʻnglim bahori sen, chaman-u lolazor sen,
Lutfu karamda marhamati beshumor sen,
Holiy dilimga ayla bugun e’tibor sen.
Oyinai jamoling erur bogʻu gulshanim,
Shomi alam ketar sen ila, ketmas ravshanim,
Tokay yonar gʻamingda kuyib jon ila tanim,
Sen birla jon qarori-yu, obod maskanim,
Bor demading kel, oshiqi ma’yuszor sen.
Sahro yuzi chaman-chamanu, bogʻ-rogʻ ajib,
Gul shoxida tarannum etar shod andalib,
Xushdur hayoti boʻlsa visol jomidan nasib,
Sensan umr chirogʻi, yurak dardigʻa , tabib,
Pinhon sirimni aylamagil oshkor sen.
Anduhu gʻam oʻtib bugun, ayyomi navbahor,
Sayri chaman qilurga gulim, ayla ixtiyor,
Tashrifingga yozurda payondoz lolazor,
Kel-kel vafoli jon sevarim, Charxing intizor,
Men bad xumora bir qara, koʻzi xumor sen.
1935 yil.


Muxammasi Charxiy Bar Gʻazali Nusrat

Mavj urmasa diliki u daryo boʻlarmidi,
Koʻnglida ishq otashi paydo boʻlarmidi,
Dardu muhabbat boʻlmasa shaydo boʻlarmidi,
Dil koʻzgusida yor huvaydo boʻlarmidi,
Har gul ochilgani bilan ra’no boʻlarmidi.
Qoldirmasa kishi jahonda xush sifotini,
Mazmun bilan boyitmasa koʻngil bisotini
Toʻti boʻlurmu zogʻ boʻyab ikki qanotini,
Laylo qoʻyilgani bilan har kimning otini
Yuz ming karashma noz ila Laylo bularmidi.
Tut sarnagun oʻlan kabi shomshod oldida
Xusrav zaboni gung edi Farhod oldida,
Vayrona ham hijil yangi bunyod oldida
Har bexirad kirib doʻkon ustod oldida
Asbob ushlagan bilan usto boʻlarmidi.
Kim beriyozat istasa har muddao xato
Har kasbu har umid mashaqqat bila bajo,
Har shoxga bir qoʻnib, necha bema’niyu sado
Gulshanda aylasinki ming til bilan navo,
Jinqarchadurki bulbuligoʻyo boʻlarmidi.
Odob uchun hayo bila har kimga soʻzla soʻz,
Soʻz pardasini yirtma, esang sohibi ramoʻz
Oroyishning oʻzingga havo bilan kimga koʻz.
Pardoz aylagan bilan xushroʻy boʻlarmi yuz.
Zohir yasatganing bilan zebo boʻlarmidi.
Inson agarchi qobili noqobili xatar,
Xudbinu kajxayol kishilardan alhazar
Na elga xolis, na ish sarbasar,
Taftiki anda boʻlmasa poʻlodin asar,
Ohangga ishlagan bilan burro boʻlarmidi.
Mehnat bila topar kishi iqbolu baxtini,
Zoye qilurmu ashrafi dehqon vaqtini,
Hosil hazina bermasa kim qoʻlda naqdini.
Parvarish aylagan bilan olu daraxtini,
Bogʻbonga oni mevasi xurmo boʻlarmidi.
Har bir rasodan ibrat olib topgil obroʻ,
Doim halol qadamni qoʻyib ista obroʻ
Charxiy hayot chashmasidan qonib ichdi suv
Nusrat koʻzingni ochginu dildan gʻuborni yuv,
Ketmay gʻubori dil musaffo boʻlarmidi.

Vafodor Elim

Vafodor elim koʻp vafo qildilar,
Koʻngil koʻzgusini safo qildilar.
Vatan yoʻlida jon fido qildilar,
Ajoyib binolar bino qildilar,
Vafodorlardir, vafodorlar.
Biri koʻkda sayyora yulduz kabi,
Biri Zuhra, iqboli feruz kabi,
Birin mehridan kecha kunduz kabi,
Ulugʻ xalq biri qosh, biri koʻz kabi,
Zafardorlardir, zafardorlar.
Bu gulshanning farovon farzandlari,
Muqaddas hayotning shakarxandlari,
Bahodir elim yoru payvandlari,
Buyuk halqimizning jigarbandlari,
Bu hushyorlardir, bu hushyorlar.
1962 yil.


Doʻstim Marhum Sobir Abdulla Xotirasiga

Yana judolik tushdi tanga: jon ketdi.
Yana ne qaygʻu erur, yoʻlchi sorbon ketdi.
Samimiy doʻst, sadoqatli mehribon ketdi,
Yonar chiroq ham edi, fikri bir jahon ketdi,
Shirinlik olamidan bir shirin zabon ketdi.
Hayotida yaratib necha gulshanni jannat,
Shu jannat ichra unib niholi beminnat,
Asarlariki uning mevasi edi sharbat...
Qani tafakkuri ravshan, halimu xushsuhbat?
Qadrli hamdamim, afsus, jonajon ketdi.
Ne ofat erdi unga zahmati alamnoki,
Soʻkildi dard ila bevaqt, esiz, yurak choki,
Vatan uchun, El uchun xizmat etdi idroki,
Ne tong, shu xizmatidan nurga toʻlsa chun xoki,
Vujudi fayzu farahbaxsh nuktadon ketdi.
Kishi na qilgusi ahli vafodin ayrilsa,
Rasolar ichra tagʻin bir rasodin ayrilsa?
Tani shikasta netarkim, davodin ayrilsa?
Umr chirogʻi oʻchar, qush havodin ayrilsa,
Uchib chamanning qushi qaysi oshyon ketdi?
Muhabbati ila yozgan xati-nishonalari,
Raqam chekardi tiniq fikri odilonalari,
Fasohat ichra nazmin dona-donalari,
Jahonda yangrar abad ham shirin taronalari,
Nihoyasiz asarin qoldirib qayon ketdi?
Tasavvur aylar edi har dami halovatini,
Yozardi vasfin uqib hur zamon salobatini,
Bir oʻyga toldi, kechirdi daqiqa soatini,
Sogʻindi yo magar ul Sobirim Saodatini,
Nihoyat umri oʻtdiyu beziyon ketdi.
Qani u qalbi quyosh shoiru karamli nigoh?!
Qani hayotda mudom hamnafas aziz hamroh?!
Hamisha doʻstlaridan, Charxiyo, boʻlib ogoh,
Jahondin oʻtdi Vatan oʻgʻli – Sobir Abdulloh,
Yomonu yaxshini xoʻp aylab imtihon ketdi.
1972 yil.


Musaddaslar

Qutlayman

(Hamshaharimiz halq artisti Nabi Raximovning 60 yillik toʻyiga bagʻishlanadi!)
Nabi Rahim Qoʻqon shahrin farzandi,
Kindik qoni toʻkilgan bu Qoʻqandi,
Sensan shirin hayotimiz payvandi,
Chin yurakdan shudir soʻzim pisandi,
Oltmish bahor umr yozing qutlayman!
Yillar osha halq e’zozing qutlayman!
Gar koʻrinsang oyinai jahonda,
Dil orziqib kutar seni har onda,
Oshar zavqu havas oʻti har jonda,
Mezbon boʻlsin, xohi boʻlsin mehmonda,
Shirin nutqu chapandozing qutlayman!
Oltmish bahor umr yozing qutlayman!
Bosib oʻtgan yoʻlda kecha-kunduzlar,
Madad berdi ustoz yoʻlchi yulduuzlar,
Katta dosturxonda totib koʻp tuzlar.
Tuz haqini oqlab yorugʻdur yuzlar,
Dilbar soʻzlar, dilnovozing qutlayman!
Oltmish bahor umr yozing qutlayman!
Niholingga qoʻnolmadi hech bir zogʻ,
San’atingga tushirmading hech bir dogʻ,
Eling xursand, diling xursand, vaqting chogʻ,
Sen halq desang halqim senga ham mushtoq,
Yuksak unvon-imtiyozing qutlayman!
Oltmish bahor umr yozing qutlayman!
Nux umridan hech boʻlmasin umring kam
Yoshlar bilan bir qatorda boʻl bardam
Hayot zavqin doim koʻraylik baham
Qadrladi xizmatingni shu yurtim
Jaranglagan mangu sozing qutlayman
Oltmish bahor umr yozing qutlayman!

Paxtani Chaqqon Tering!

Paxta ochildi chaman,
Gʻuncha kulib zavq bilan,
Tuhfasidir jonu-tan,
Shavkati shonu-Vatan,
Paxtani chaqqon tering,
Doʻstu-qadrdon tering!
Hamdamu, hamxonalar,
Toʻldi sadaf shonalar.
Xirmoni durdonalar,
Ey, otalar-onalar,
Himmati chaqqon tering,
Gʻayratingiz kon tering!
Charchamas ishchan bilak,
Bizdagi sodiq yurak,
Hammada oliy tilak,
Berdi zafardan darak,
Oʻlka farovon tering!
Qalbi guliston tering!
Dangasaga koʻndalang,
Qulquli, koʻknoru, bang,
Ishga quyondir qarang,
Osh desa, goʻyo nahang,
Bermay unga yon tering,
Katta kichik jon tering!
Kim esa xush intizom,
Ishda olur yaxshi nom.
Kimning ishi boʻlsa xom,
Xayf kalomu-salom,
Mard shu maydon tering!
Xilvatu, bazmu, kabob,
Bemaza majlis, sharob,
Sal kamisin xurdu-xob,
Kuzdami fursat shitob,
Sohibi vijdon tering,
Siz dili shodon tering!

Salom, Andijon!

Ta’zim ila senga salom, Andijon,
Hurmat ila doʻsti kirom, Andijon,
Doʻstligimiz ahdi mudom, Andijon,
Yod etamiz subh ila shom, Andijon,
Dildagi payvasta kalom Andijon,
Senga sadoqatli payom, Andijon.
Bizga naxushdirki bu dorul omon,
Boʻldi yaqin ya’ni yiroq osmon,
Pokiza yurt doʻstlar uchun oshyon,
Shavq ila, tabrik ila ahli Qoʻqon
Senga salom yoʻlladi, jon, Andijon,
Qadri baland, paxtaga kon, Andijon.
Davr kuloli pishirib xomini,
Bitdi qadah, tutdi zafar jomini,
Koʻrsa hama bu ulugʻ ayyomini,
Subhi yorugʻ, nurga toʻla shomini,
Dilga sururbaxsh mudom Andijon,
Ahdiga vobasta kalom Andijon.
Shoiru san’at eli zulehtirom,
Ahli hunar, xushsuxanu xushmarom,
Fazl elin oldida demak mimu lom,
Sahnada raqqosasi tovus xirom,
Rutbada sen oliymakom, Andijon,
Et yana shuhratda davom, Andijon.
Yangi zamon qalbiga berdi surur,
Topdi hayot qoʻynida ongu shuur,
Kimki xalol mehnatu, unda-huzur,
Yilda yutuk kuchdi, nur ustiga nur,
Haqli bugun etsa gʻurur Andijon,
Topgani-dur, qalbida-nur Andijon.
Bobir oʻtib bu vatanin dogʻida,
Ketdi oʻzi, qoldi koʻngil bogʻida,
Gʻurbat ila Hind eli tuprogʻida,
Dogʻi Vatan birla yurar chogʻida:
“Oh,-dedi,-sen, qayda charogʻ-Andijon!”,
Endi ketib dogʻi, bulogʻ- Andijon.
Nodira bu yurtda totib oshini,
Qismati-Hoʻjandda toʻkib yoshini,
Zolim amir Nasr kesib boshini,
Otgan edi elga jafo toshini,
Tarixing ibratli chunon, Andijon,
Tikladi qaddingni zamon, Andijon,
Muntazir erdi nafasi otashin,
Ramzda ustod Habibiy yaqin,
Rahmati Mahjur edi soʻzi shirin,
Hamzaning me’rojida Komil Yashin,
Desa naxush shahd zabon Andijon,
Fikri baland, ta’bi ravon Andijon,
Marhum Anisiy edi bir Ulfati,
Sayfiy-chapandoz, qalam sarxati,
Mahjur oʻtib, qoldi uning san’ati,
Xurram etar umr shirin soati,
Boʻldi bu diydor nasib, Andijon.
Dilga qariyb, yoru xabib Andijon.
Koʻp yana koʻksingda ijodkorlar,
Bu adabiy an’anaga yorlar,
Nasr ila, goh payravi ashorlar,
Yaxshi shifokoru binokorlar,
Fayzi faraxbaxsh diyor Andijon,
Bagʻri butun, qalbi bahor Andijon.
Boʻldi bino ilmu adab maskani,
Ma’rifati komil etar barchani,
Ya’ni navoiy muzeyi gulshani,
Boʻlgusidur dorilfunun maxzani,
Sidk ila toʻyonang erur, Andijon,
Qutlugʻ bu koshonang erur, Andijon.
Dil tilagi mehr iladir to abad,
Zavq ila qalbingda surur to abad,
Bogʻi bahoring yasharur to abad,
Charxiy, bu shukrona, shukur to abad,
Boʻlgin omon lafzi halol, Andijon,
Top yana gʻayrat-la kamol, Andijon,

Ruboiylar

* * *
Shakardan shaxd tuzmak istasang lafzi shakardan boʻl,
Ishi shoyista, doim va’dasi chin muxtasardan boʻl,
Hayodan xil’ati zebo kiyib xulqingga oro ber,
Libosi zarvaraq bu husn emas, mis boʻlma zardan boʻl.
* * *
Yaxshi soʻzni eshit, amal ayla,
Abadiy hurmating nishonasi shu.
Gar ushoq nonni ham aziz tutsang-
Shukri ne’mat baland pogʻonasi shu.
* * *
Kim chuchuk til shirin muomala u,
Xalq tahsiniga sazovordir,
Sifati soz mato qayerda esa,
Jonu dildan hamma xaridordir.
* * *
Yaxshi inson safida boʻlmoq uchun,
Yaxshi boʻl, yaxshiroq, bahoni qidir,
Illating boʻlsa gar fasod yigʻilib,
Dard kuchaymay turib davoni qidir.
* * *
Kattalik shul erurki, dard qolgan
Kishilarga madad qoʻlin choʻzsa,
Ayb erur ba’zi bebisotlar,
Xush bisoatga ham pulni choʻzsa.
* * *
Chin soʻzdan oʻjar hamon tonarmish,
Yolgʻonni ajabki, chin sanarmish.
Yuz ming qalov ostidan qoʻyingkim,
Tentak oʻti tepadan yonarmish.
* * *
Hosid hasadi-la baxt tuzalmas,
Ming makri-la baxt uyin buzalmas.
Tigʻ zahmini tortsa, tan tazalgay,
Tildan yaralansa dil tuzalmas.
* * *
Doʻst boʻlsa kishi, dardingga malham boʻlsa,
Xoh sholik alam chogʻida hamdam boʻlsa.
Beboda emas suhbati ahbob ammo
Yuz-yuzga tushar boʻlsa-yu, kam-kam boʻlsa,
* * *
Qiz boʻlsa, oʻgʻil boʻlsa, chin inson boʻlsa,
Inson sifati unda namoyon boʻlsa,
Noqobil oʻgʻil-qiz alamin tortguncha, mayli
Koʻngilda yuz armon-pushaymon boʻlsa.
* * *
Yuz shukr ulugʻ davrada shodon bizlar,
Hamxona ahil barcha qadrdon bizlar,
Tinch umr, shirin oʻyyu koʻngillar xushnud.
Oina koʻngil qalbi guliston bizlar.
* * *
Bir turda eding koʻzimga bultur,
Bu yil qarasam bahona yuz tur,
Ne va’daki aylading vafodan,
Lutfu karamingni koʻrsatib tur.
* * *
Bogʻbon savati uzumda ketdi,
Yoʻq-yoʻq bu uzum oʻzimda ketdi,
Gavharga alishma ushbu damni,
Dam oʻtsa agar u zumda ketdi.
* * *
Farzand esangiz, pandima iqror aylang,
Yoshlikda bilim ma’rifatin yor aylang.
Ilmu adabu sharm bu inson husni,
Bu husn ila siz oʻzni namudor aylang.
* * *
Bir choʻp oʻtini yoʻq biladi xas qadrin,
Nodon negakim doʻstini bilmas qadrin.
Siz boʻzchi debon ta’na oʻqin hech otmang,
Boʻz boʻlmasa kim bilgusi atlas qadrin.
* * *
Ilinma, nafs jilovin burma har koʻzu qoshga,
Koʻngilning oynasin toki urmagin toshga.
Tilingni tebrata ber yaxshilik sari, lekin
Yomonga til yugurtirib bir kuni yetar boshga.
* * *
Kim oʻzin bilsa, birovlarga dum boʻlay demagay,
Baloyi nafs kuchayib tezda gum boʻlay demagay,
Tok eksa yeriga dehqon umid bilan, toki
Uzum boʻlay degay, ammo oʻzim boʻlay demagay.
* * *
Xub baxtli zamon, Davr ila davron boʻldi,
Mamnun xamma el, rizk farovon boʻldi.
Isrofga kim ursa qoʻlin shukr etmay,
U kaysi sifat shʻa’n ila insof boʻldi.
* * *
Har narsani ham haddi boʻlur, sozishi boʻlgay,
Ishqalmayin ish qolsa na yozu qishi boʻlgʻay.
Ishqaladimu ish qoldi debon oʻylanaversang,
Joy ortida sen, toʻrida shilqim-kishi boʻlgʻay.
* * *
Doʻst doim poʻrsishi ahvol etar,
Yaxshilik damlarni senga dol etar.
Hurmatingni xor etib, afsuskim,
Ba’zi doʻstlar suiste’mol etar.
* * *
Doʻstlar birla charogʻon uylarim,
Doʻst bazmida jaranglar kuylarim.
Gohi badkirdorlardan ranjisam,
Doʻst yodila musaffo oʻylarim.
* * *
Doʻstlik mehrin quyoshga teng, dedim,
Teng sochar nurin, quchogʻi keng, dedim,
Doʻst ahdin shishasin sindirmasa,
Sindirib non yarmini teng, dedim.
* * *
Gʻamga chulgʻanganda dunyo:”Doʻst”, der,
Chashmadan to mavjli daryo:”Doʻst!”-der
Uchsa doʻst yodi bilan ozod qush,
Tor qafasda qumri ham “Yo doʻst!”-der.
* * *
Nodonga soʻz uqtirma pushaymon boʻlgay,
Yaxshi soʻz ila kim dedi-inson boʻlgay,
Soʻz gavharin joyida sarf et, chunki
Toʻti shakarin zogʻ yesa armon boʻlgay.
* * *
Yeb ichsa, faqat yotsa-u hayvon boʻldi,
Vijdonu aql, fikr ila inson boʻldi.
Bir doʻst uchun doʻsti haqiqiy shulkim,
Dard qolsa, uning dardiga darmon boʻldi.
* * *
Doʻst mehri oʻlik tanga tirik qon boʻlgay,
Har tanda tirik qon esa darmon boʻlgay.
Mehnatga muhabbat keturur mehr ila ixlos,
Mehring bila choʻl bagʻri guliston boʻlgay.
* * *
Doʻstlar qalbin chirgʻi yonadur,
Jon qushi doim unga parvonadir.
Yaxshilik yillar, zamonlar koʻrsa ham,
Ohkim nodon u doʻstdan tonadur.
* * *
Doʻstlikning chin muhabbat shohidi,
Imtiyozi birla xurmat shohidi.
Lutfi jonbaxshu nigohi begʻaraz,
Doʻst deb chekkan mashaqqat shohidi.

Ona Haqida

Ona azizu mukarram, ona tabarruk zot,
Hayoti ne’matu boqiy, kalomi qantu-novvot.
Nachora solsa judolikni bu oʻlim, doʻstlar,
Sabrdan oʻzga davo yoʻq, budur hayotu-najot.
* * *

Hasadchiga

Ey xosidi badkina, badaxloq sensan,
Na elga yarogʻ sen juda botqoq sensan.
El bahra olur erdi magar tosh boʻlsang,
Na suvsenu, na bod, na tuproq sensan.

Toʻrtliklar

Yaxshi xislat bilan umr uzayur,
Umr emas, umr oʻtsa bexislat,
Desin el yaxshi odatingni koʻrib:
“seni tuqqan onangga ming rahmat!”
* * *
Kim – chuchuk til, shirin muomala, u-
Xalq tahsiniga sazovordir.
Sifati soz mato qayerda esa,
Jonu dildan hamma xaridordir.

Navroʻz Ruboiylari

Navroʻz kelibon yer yuzini ayladi sabza,
Ul sabza uza qizu juvon qilgʻusi gʻamza.
Qoʻqondli erur Nodira, Mahzuna, Uvaysiy,
Furqat-la Muqim, Zavqiy, zamon shoiri Hamza.
* * *
Navroʻz bu nafosat chamani fayzi bir olam,
Yayrar yasharur jilvasidan olamu odam.
Mehnat zafarin avji yuraklarda urib joʻsh,
Har bir tanu jon rohat ila tinch juda bardam.
* * *
Navroʻz guli-yu, gulshani olamga bezakdir,
El tab’i bilan xuddi tabiat egizakdir,
Yangi havasu yangi tilak orzusi birlan
Yoz boʻlsa kumush hosili oltinli kuzakdir.
* * *
Navroʻzi jahon jonu diling shod etajakdir,
Har rang choʻl ila yer yuzin obod etajakdir,
Olamga bisotin yozishib ahli qalamlar,
Gul boʻyin emib zavq ila ijod etajakdir.
* * *
Navroʻz kelibon kunda esar bodi sabolar,
Bulbul tilidan uygʻona boshlaydi navolar.
Har yonga boqib ayla tomosha koʻzi koʻnglim
Navrasta hayot bogʻida guldasta binolar.
* * *
Fasli bahor hamma shu boʻstonida yayrar,
Gullar ekishib barcha gulistonida sayrar,
Obod guzar, koʻchayu sahrogacha gulshan,
Koʻngil bu latofatli xiyobonida yayrar.
* * *
Navroʻzi jahon, suhbati ahbob degaymiz,
Har bir damimiz gavhari noyob degaymiz,
Bir-birga muhabbat va sadoqatning bu ramzi,
Yuz-yuzga tushar, ravshani oftob degaymiz.
* * *
Tobora rivoj olgʻusi bu jannatimiz ham,
Tobora baland choʻqqi aro an’anamiz ham,
Bu yil yana ham baxtu zafar keltirajakdir,
Omadga toʻla boʻlgʻusi shonli sanamiz ham.
* * *
Dehqon sharafi hosili durdonasi derlar,
Bogʻbon qoʻlida meva shirin donasi derlar,
Yurtimiz boʻlsin omon, baxt keturdi,
Bu mehnatimiz shuhrati shukronasi derlar.

Musamman

Demasin

(musamman)
Jon oʻgʻil, qizlarimu, shovvozim,
Qadamingizga gul poyondozim,
Siz bilandir falakda parvozim,
Siz mening she’rlarimda pardozim,
Siz uchun yozilur koʻpu, ozim,
Fursatida shuni demak lozim:
«Kimning oʻgʻli? Esiz-esiz!...» demasin.
Garchi yoshlik, olovga boʻlmas misol,
Yaxshi soʻzlash kishiga baxt-iqbol,
Shu kerakdir, topishda qadru kamol,
Jon bolam, kelmasin soʻzlarim malol,
Beamal boʻlsa olimi soʻzamol,
Sha’niga koʻp kishi toʻqiydi maqol:
«Eskirgan, aynigan qimiz!» demasin.
Koʻrsa Kim, soʻz qotib, tajang boʻlmang,
Qichqirib, gap sotib, dakang boʻlmang,
Uzilib ketgudek tarang boʻlmang,
Qaddu qomatfurush, satang boʻlmang,
Tinglamay pandni, kar, garang boʻlmang,
Oʻjaru, qaysaru, sarang boʻlmang,
Kelsa duch, Kimsa «betamiz!» demasin.
Qadri boʻlmas hamma mato «brak»ni,
Xulqu odob – asl husn bezagi,
Yaxshi kiymoq hayotimiz keragi,
Boʻlsa sochning tabiiy jingalagi,
Chakkada gajjakning nadir tilagi,
Kim yigit der, buralsa oq bilagi,
Tuppa tuzik yigitni «qiz!» demasin.
Bemahal koʻchada toʻzib yuradi,
Boshqalar tinchligini buzib yuradi,
Janjalu xarxasha qoʻzib yuradi,
Ba’zida loy kechib, suzib yuradi,
Qaqshatishga «plan tuzib» yuradi,
Shohi yoʻgʻu, ipni uzib yuradi,
«Goʻsht emas, yogʻ emas, bu bez!» demasin.
Yaxshi pardoz ayol uchun ziynat,
Eng chiroyli hayo bilan iffat,
Ajabo, ba’zi bir yigitga uyat,
Taqmagani isirgʻa qopti faqat,
Sochi Majmunnamo, kiri qat-qat,
Uchraganlar boʻlib tajang, diqqat,
«Namda qolgan bu hoʻl kigiz!» demasin.
Yaxshi farzand onani dogʻ qoʻymas,
Nazaridan oʻzin firogʻ qoʻymas,
Bir qadam ham esa, chatoq qoʻymas,
Boshqaning baxtiga tuzoq qoʻymas,
Baxtga noz aylamas, dumogʻ qoʻymas,
Qoʻysa dogʻ, barcha unda sogʻ qoʻymas,
«tentagu, oqpadar, gʻaliz!» demasin.
Seni oltin qilur eling nazari,
Kim nazardan qolipti: yoʻl xatari,
Ba’zilar bor, ajabki, keksa-qari,
Desa mumkin, otasining padari,
Yaxshilikning yoʻq unda hech asari,
Til uchida sochish zahari,
«Kim uchun bu bola aziz?» demasin,
Ota soz: oʻqitar u oʻgʻlini soz,
Oʻqimas boʻlsa , kim qilur e’zoz,
Hayf unga qalam bilan qogʻoz,
Aqli qisqa va lek qaddi daroz,
Gap sotar koʻchada, ichib oz-moz,
Yerni bir-bir bosib ajab tannoz,
Koʻkragiga urib u «biz!» demasin.
Endi Charxiy soʻzingni bas qilgil,
Yaxshilarni mudom havas qilgil,
Yaxshi deb, yaxshiroq nafas qilgil,
Ta’rifu tavsifing «zapas» qilgil,
Boshqalar ham yomon demas qilgil,
Soʻzlashib xalq «puch magʻiz!» demasin.