OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifChingiz Aytmatov
Asar nomiAlvido, ey Gulsari (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Qirgʻiz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Chingiz Aytmatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAsil Rashidov va Abduraim Otametov (Rus tilidan)
Hajm366KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/09
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Annotatsiya
Yozuvchi Chingiz Aytmatov oʻzining bu povestida Vatan urushidan keyingi ogʻir yillarda qirgʻiz yilqichilari va choʻponlari – partiya a’zolarining qahramonona mehnatlarini tasvirlaydi.

Povestning bosh qahramoni Tanaboy yilqichilikdan choʻponlikka oʻtganda falokatga yoʻliqadi. Vaqtida qoʻyxonalarni ta’mirlamagan, pichan tayyorlamagan ferma mudirining kasofatidan bahorda sovliq qoʻylar, qoʻzilar nobud boʻladi, lekin yuqori idoralarga joylashib olgan byurokratlar hamma aybni choʻponga toʻnkaydilar. Tanaboy partiyadan nohaq oʻchiriladi, lekin bu narsa choʻponning e’tiqodini susaytirmaydi, u haqiqiy kommunistligicha qoladi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Alvido, ey Gulsari (qissa)
Chingiz Aytmatov

I

Eski aravani keksa bir kishi haydab borardi. Saman yoʻrgʻa – Gulsari ham juda qari edi...

Yassi togʻlikka tinkani quritadigan uzoq yoʻl bilan chiqilardi. Yaydoq Kulrang tepaliklarda qishda doim sovuq shamol yer yalab izgʻib yurar, yozda esa tandirday qizib ketar edi.

Bu tepaliklar Tanaboy uchun jon azobi edi. U aravani sekin haydashni istamasdi. Sekin yursa yuragi tars yorilib ketay derdi. Yoshlik kezlari tuman markaziga tez-tez qatnab turishga toʻgʻri kelar, uyga qaytishida u har gal otning boshini qoʻyib yuborib, toqqa choptirib chiqib ketar, uni qamchi bilan ayovsiz savalardi. Agarda hamrohlari bilan bir aravada ketayotgan boʻlsa, buning ustiga yana aravaga hoʻkizlar qoʻshilgan boʻlsa bormi, yerga sakrab tushib, indamay kiyimlarini olardida, yayov ketardi. Xuddi hujumga borayotganday jon-jahdi bilan, qahr gʻazab bilan yurar va yassi togʻlik ustiga koʻtarilgandagina toʻxtar edi. U yerda koʻksini toʻldirib-toʻldirib nafas olib, pastda oʻrmalab kelayotgan ogʻir, katta aravani kutib turardi. Tez yurganidan yuragi gupillab urar va koʻkragida sanchiq turar edi. Har qalay hoʻkizlarning qadamiga qarab, imillab kelgandan koʻra yaxshi-ku!

Rahmatli Choro ba’zan doʻstining bunday gʻalati qiliqlarini koʻrib tegishishni yaxshi koʻrardi.

– Nega omading kelmaydi, bilasanmi, Tanaboy? - derdi u, - besabrligingdan. Xudo haqqi. Senga qolsa hamma narsa tezroq, darrov boʻla qolsa. Jahon revolyutsiyasi darhol boʻla qolsa! Revolyutsiya u yoqda tursin, Aleksandrovkadan balandlikka koʻtarilishga ham toqating yoʻq sening. Hamma odamlar aravada xotirjamgina oʻtirib borishadi-yu, sen boʻlsang sakrab tushib, xuddi orqangdan boʻrilar quvayotganday toqqa qarab yugurasan, xoʻsh, bundan nima foyda koʻrasan? Hech narsa. Baribir tepada boshqalarni kutib oʻtirasanku. Jahon revolyutsiyasiga ham bir oʻzing yeta olmaysan, bilsang, boshqalarning ham tenglashib olishlarini kutasan.

Ammo bu bir zamonlardagi, uzoq oʻtmishdagi gap edi. Tanaboy bu gal Aleksandrovkadagi balandlikdan qanday chiqib olganligini sezmay ham qoldi. Qariganida, demak, koʻnikib qolibdi. Aravani tez ham, sekin ham haydagani yoʻq. Otni oʻz holiga qoʻyib berdi. Endi u doim yoʻlga yolgʻiz chiqardi. Oʻttizinchi yillarda bu yoʻllardan u bilan birga shovqin solib yurgan bir toʻda yoshlarni endi qidirib topa olmaysan. Biri urushda halok boʻlgan, biri oʻlgan, bitta yarimta tirik qolganlarining ham kunlari sanogʻliq qolgan. Yoshlar esa mashinalarda yurishadi. U bilan birga oriq qirchangʻi ot qoʻshilgan aravada yurisharmidi.

Eski yoʻlda gʻildiraklar gʻijirlab borardi. Yoʻl uzoq, oldinda choʻl yastanib yotardi, kanal ortida esa togʻ etagi boʻylab yana anchagina yurish kerak.

U otning boʻshashib, majolsizlanib borayotganligini allaqachon seza boshlagandi. Lekin oʻzining ogʻir xayollari bilan band boʻlganligi uchun bunga unchalik e’tibor bermasdi. Ot yoʻlda charchab qoladi, deb gʻam yeydimi kishi?

Undan battarlari boʻlgan. Manzilgacha yetkaza oladi, amallab sudrab olib boradi...

Oʻzining sap-sariq rangi uchun Gulsari deb nom olgan qari yoʻrgʻa oti umrida soʻnggi marta Aleksandrovka balandligiga koʻtarilganligini va hozir ot oxirgi chaqirimlarni bosib oʻtayotganligini qayoqdan bilsin u. Otning boshi bangidevona yeganday aylanayotganligini, yer uning xira koʻzi oʻngida rangli halqalar singari suzib oʻtayotganligini, yer qiyshayib goh u, goh bu tomoni bilan ufqqa tegayotganini, nazarida yoʻl birdan qop-qorongʻi boʻshliqqa tushib ketib, oldindagi togʻlar oʻrnida qizgʻish tuman yoki tutun suzayotganday tuyulayotganligini qayoqdan bilsin u.

Otning allaqachon zoʻriqib, kuchsizlanib qolgan yuragi zirqirab ogʻrirdi, boʻyincha-xomutda nafas olish tobora ogʻirlashib borardi. Bir yonboshga sirgʻalib ketgan egar-jabduq beliga qattiq botar, chap tomonda xomut ostida allaqanday uchli narsa yelkasiga muttasil qadalib, sanchilayotganday edi. Ehtimol, bu tikanak yoki xomutning kigiz astaridan chiqib qolgan mixning uchidir. Yelkasidagi qadoq boʻlib ketgan eski yagʻir oʻrnida ochilgan yara chidab boʻlmas darajada zirqirab ogʻrir, achishar edi. U xuddi shudgordan ketayotganday edi, oyoqlari ham borgan sari ogʻirlashardi.

Ammo shunday boʻlsa ham qari ot soʻnggi kuchlarini toʻplab, yurib borardi, keksa Tanaboy esa ahyon-ahyonda unga «chuh-chuh»lab, jilovini tortib-tortib qoʻyar va xayol surishda davom etardi. Oʻylaydigan oʻylari koʻp edi uning.

Gʻildiraklar eski yoʻldan gʻijirlab borardi. Gulsari ilk bor oyoqqa turib, onasi – yoldor ulkan biya ortidan oʻtloq boʻylab qoʻrqa-pisa, yoʻrtib ketganidan buyon biron marta ham adashmagan oʻsha yoʻrgʻa qadam bilan hamon bir maromda qadam tashlab borardi.

Gulsari tugʻma yoʻrgʻa ot edi va dongʻi chiqqani uchun umrida boshiga koʻp yaxshi va yomon kunlar kelgandi. Ilgari aravaga qoʻshish hech kimning xayoliga ham kelmasdi, uni aravaga qoʻshish uvol edi. Lekin ot boshiga ish tushsa, suvliq bilan suv ichar, er boshiga ish tushsa, etik bilan suv kechar, deganlaricha bor.

Bularning hammasi oʻtmishdagi gaplar. Hozir yoʻrgʻa bor kuchini sarflab, oʻzining soʻnggi marrasiga ketayotgandi. U hech qachon manzilga bunchalik sekin bormagan, hech qachon unga bunchalik tez yaqinlashmagandi ham.

Gʻildiraklar eski yoʻldan gʻijirlab borardi.

Tuyoqlari ostidagi qattiq yerning omonatligini his etish otning soʻniq xotirasida uzoq oʻtmishdagi oʻsha yoz kunlarini, togʻlardagi oʻsha shabnamli yumshoq oʻtloqlarni, osmonda charaqlagan va togʻu toshni orqada qoldirib ketayotgan quyoshni to uyurboshi aygʻir gʻazabdan quloqlarini ding qilib olib uni quvlab orqasiga qaytarmagunicha u tentak oʻtloqlaru daryoni kesib, butalarni yorib oʻtib quyosh ortidan quvib ketgan oʻsha ajoyib va gʻaroyib damlarni gʻira-shira jonlantirdi. Oʻsha paytlardan beri oradan qancha vaqt oʻtib ketdi-ya! Yilqilar xuddi koʻl tubida oyoqlarini osmonga qilib yurganday, uning onasi – yoldor kattakon biya boʻlsa, goʻyo iliqqina sutli bulutga aylanganday tuyulardi. Onasi birdan mehribonlik bilan pishqiruvchi bulutga aylanib qoladigan shunday damlarni sevardi. Uning yelinlari taranglashib, lazzatli boʻlib qolar, lablarida sut koʻpiklanardi, u boʻlsa sutning moʻlligi va shirinligidan entikib qolardi. U yoldor kattakon onasining qorniga tumshugʻini qadab turishni yaxshi koʻrardi. Naqadar lazzatli edi bu sut! Butun olam – quyosh, yer, onasi bir qultum sutga joylashganday edi. Toʻyib boʻlganidan keyin ham yana bir qultum, yana, yana emishni istardi.

Afsus, bu uzoqqa choʻzilmadi, tezda barham topdi. Oradan koʻp oʻtmay hamma narsa oʻzgarib ketdi. Koʻkdagi quyosh charaqlamay, togʻdan toshga sakramay qoʻydi. Endi kun sharqdan chiqib gʻarbga tomon ogʻishmay boradi, yilqilar oyoqlarini osmonga qilib yurmaydigan boʻlib qoldi, payhon qilib tashlangan sizot oʻtloq ular tuyoqlari ostida chapillaydi va qorayadi, qirgʻoqlardagi toshlar qarsillab yorilib ketadi. Yoldor kattakon biya qattiqqoʻl ona ekan, bolasi haddan ortiq bezor qilganida uning yolidan qattiq tishlab olardi. Endi sut yetishmas, oʻtlash kerak edi. Uzoq yillar choʻzilgan hayot boshlandi, mana endi oxirlab borayotir.

Mana shu oʻtgan uzoq umri davomida abadiy yoʻqolgan oʻsha yoz yoʻrgʻa otga sira qaytib kelmadi. U egarlangan holda har xil yoʻllarni bosib oʻtdi, uni har xil chavandozlar mindi, lekin hamon yoʻllarning oxiri koʻrinmasdi. Faqat endigina – quyosh yana oʻz oʻrnidan qoʻzgʻalgan, yer esa oyoqlari ostida chayqalayotgan, koʻzlari jimirlab, xiralasha boshlagandagina shuncha uzoq vaqtdan beri qaytmagan oʻsha yoz uning koʻziga koʻrinib ketdi. Hozir uning koʻz oʻngida oʻsha togʻlar, oʻsha sizot oʻtloqlar, oʻsha yilqilar, oʻsha yoldor kattakon biya miltillab, gʻira-shira namoyon boʻldi. U doʻgʻadan, xomut va shotidan qutilib olib, toʻsatdan uning koʻziga koʻrinib ketgan oʻtmishga qadam qoʻyish uchun kuchi boricha talpinar, jon-jahdi bilan depsinardi. Lekin aldamchi xayol har gal uzoqlashib ketar, shunisi jonga azob berardi. Qulunlik paytidagidek onasi sekin kishnab uni chaqirar, yilqilar uni toylik vaqtidagiday biqinlari bilan turtib, dumlari bilan urib oʻtar, uning esa shamolga bardosh berishga kuchi yetmasdi – shamol tobora kuchayar, uni dumi bilan qamchilar, koʻzlari va burun kataklarini qor bilan toʻldirib, terga botib sovuqdan qaltirar, erishib boʻlmas oʻsha olam izgʻirin quyunlari ichida unsiz koʻmilib yoʻq boʻlib ketar edi. Mana endi togʻlar ham, oʻtloqlar ham, daryo ham gʻoyib boʻldi, yilqilar qochib ketdi, faqat onasining – yoldor katta biyaning sharpasi oldinda gʻira-shira koʻrinib turardi. U bolasini tanho tashlab ketishni xohlamasdi. U toychogʻini oldiga chorlardi; toychoq bor kuchi bilan xixilab kishnab yubordi, ammo oʻz ovozini oʻzi eshitmadi. Hamma narsa birdan gʻoyib boʻldi, izgʻirin ham tindi. Gʻildiraklar gʻijirlamay qoʻydi. Xomut ostidagi yaraning achishgani ham sezilmay qoldi.

Yoʻrgʻa toʻxtadi, gandiraklab ketdi. Koʻzi qattiq ogʻrirdi. Kallasi tinmay gʻuvillardi.

Tanaboy jilovni aravaning oldiga tashladi, besoʻnaqay sakrab tushdi, uvishib qolgan oyoqlarining chigilini yozdi va qovogʻini solib otning oldiga keldi.

– Hey, harom oʻlgur!– sekin soʻkindi u yoʻrgʻaga boqib. Ot ozib ketgan uzun boʻynini choʻzib, kattakon kallasini xomutdan osiltirib turardi. Yoʻrgʻaning qovurgʻalari, eski-tuskilar yopilgan, ich-ichiga kirib ketgan biqinlari yuqoriga, pastga koʻtarilib tushib turardi. Qachonlardir sap-sariq, tilla rang boʻlgan ot endi ter va changdan qoʻngʻir tusga kirgan edi. Koʻkish ter tomchilari qoq suyak sagʻrisidan qorniga, oyoqlariga, tuyoqlariga oqib tushardi.

– Qattiq haydamovdim shekilli,– deb toʻngʻilladi Tanaboy va shoshib-pishib ayilni boʻshatdi, suvligʻini chiqardi. Suvligʻi issiq, yopishqoq soʻlakka botgandi. Poʻstinining yengi bilan yoʻrgʻaning tumshugʻini va boʻynini artib qoʻydi. Keyin qolgan-qutgan pichanlarni yigʻish uchun aravaga sakrab chiqdi, supurib-sidirib yarim quchoq toʻpladi, otning oldiga tashladi. Lekin ot pichanga qayrilib qaramadi ham, u qalt-qalt titrardi.

Tanaboy yoʻrgʻaga bir tutam pichan tutdi.

– Ma, ol, ye, senga nima boʻldi-ya!

Yoʻrgʻaning lablari qimirladi, lekin pichandan ilintira olmadi. Tanaboy uning koʻzlariga qaradi-yu, qosh-qovogʻi solinib ketdi. U otning ich-ichiga choʻkib ketgan, yarim ochiq koʻzlarida hech narsani koʻrmadi. Ular tashlandiq uyning derazalari kabi xiralashgan edi.

Tanaboy sarosimaga tushib u yoq-bu yoqqa qaradi: uzoqda togʻlar, atrof biyday choʻl, yoʻlda hech kim koʻrinmasdi. Yilning bu faslida yoʻlovchilar bu yerda kamdan-kam uchraydi.

Qari ot va keksa odam kimsasiz yoʻlda yakka-yolgʻiz turishardi.

Fevral' oyining oxirlari edi. Yalangliklardagi qorlar erib ketgandi, faqat jarliklar va qamishzor soyliklardagi qishning yashirin uyalaridagina soʻnggi qor uyumlari hanuz saqlanib qolgandi. Shamol eski qorning kuchsiz hidini uchirib keltirardi, yer hali ham muzlab yotar, jonsiz edi. Qish oxirlarida toshloq dasht huvillab yotadi. Unga bir qarashdayoq Tanaboyning ichiga qaltiroq turardi.

U koʻkish choʻqqi soqolini dikkaytirib, poʻstinining yogʻ bosgan yengi ostidan gʻarb tomonga uzoq qarab qoldi. Quyosh yerning bir chekkasida, bulutlar orasida osilib turardi. Ufqdan botayotgan quyoshning nursiz, xira shafaq nuri tarala boshlagandi. Hech narsa havoning aynishidan darak bermasdi, lekin shunday boʻlsa ham kun sovuq, vahimali edi.

«Bilganimda edi, yaxshisi yoʻlga chiqmagan boʻlardim,– afsuslanardi Tanaboy. – Endi esa na u yoqqa, na bu yoqqa yura olasan, tap-taqir dalaning oʻrtasida qolib ketdim. Otni ham bekordan-bekorga nobud qilib qoʻyaman».

Yaxshisi ertalab yoʻlga chiqish kerak edi. Kunduzi yoʻlda bir narsa boʻlib qolsa ham biron yoʻlovchi duch kelib qolishi mumkin. U esa tushdan keyin yoʻlga chiqdi. Bunday kezlarda yoʻlga otlanish mumkinmi, axir?

Tanaboy orqadan yoki qarshi tomondan kelayotgan mashina koʻrinib qolarmikin, deya doʻnglikka chiqib atrofga boqdi. Ammo na u, na bu tarafda hech narsa koʻrinmasdi, sharpasi ham eshitilmasdi. U orqasiga – arava tomonga qadam tashladi.

«Bekorga yoʻlga chiqibman»,– deb oʻyladi yana Tanaboy shoshqaloqligi uchun qayta-qayta oʻzini koyib. U alam qilganidan oʻzidan ham, oʻgʻlining uyidan tezroq joʻnab ketishga majbur etgan hamma narsadan ham achchigʻlanardi. Tunab qolishi, otiga dam berishi kerak edi, albatta. U esa!..

Tanaboy jahl bilan qoʻl siltadi. «Yoʻq, baribir qolmasdim. Yayov boʻlsa ham ketardim,– oʻzini oʻzi oqlardi u.– Qaynataga shunaqa gaplarni gapirish mumkinmi axir? Har qalay, men otamanku. Seni qara-yu, butun umringni choʻponligu yilqichilikda oʻtkazgansan, qariganingda haydab chiqarisharkan, partiyaga kirib nima qilarding, emish. Oʻgʻlimgayam balli-e. Miq etmaydi-ya, koʻzini yerdan olishga qoʻrqadi. Agar xotini unga otangdan kech desa, yoʻq demaydi. Latta, tagʻin u boshliq boʻlib koʻtarilishga urinib yotibdi. E, gapirishdan nima foyda. Odamlar boshqacha boʻlib ketgan!»

Tanaboy qizib ketdi, u koʻylagining yoqasini yechib yubordi va otni ham, yoʻlni ham, bosib kelayotgan tunni ham unutib, ogʻir-ogʻir nafas olib arava atrofida yura boshladi. Ming urinsa ham oʻzini bosa olmadi. U yerda – oʻgʻlining uyida u oʻzini tutib oldi, kelini bilan adi-badi qilib oʻtirishni oʻziga ep koʻrmadi. Endi esa birdan qaynab-toshib ketdi, hozir boʻlganida yoʻl boʻyi alam bilan oʻylab kelgan gaplarining hammasini unga toʻkib solardi: «Meni partiyaga qabul qilgan sen emassan, chiqargan ham sen emassan, oʻsha vaqtda nima boʻlganligini sen qayoqdan bilarding, kelinposhsha. Endi hamma narsa haqida fikr yuritish oson. Endi hamma savodli, hurmat va obroʻying joyida. Bizdan esa talab qilishardi, shunaqangi talab qilishardiki, otang uchun, onang uchun, doʻsting va dushmaning uchun, oʻzing uchun, qoʻshningning iti uchun, olamdagi jamiki hamma narsa uchun javobgar eding. Partiyadan oʻchirganlari bilan esa sening ishing boʻlmasin! Bu mening ichimdagi gʻamim, kelinjon. Bu bilan ishing boʻlmasin!»

– Bu bilan ishing boʻlmasin!– ovoz chiqarib takrorlashda davom etdi u aravaning oldidan nari ketmay.– Ishing boʻlmasin!– hamon takrorlardi u. Eng alam qilgan narsa shu ediki, «ishing boʻlmasin» deyishdan boʻlak gap topolmasdi.

To bir nima qilish kerakligi, bu yerda tunab qolib boʻlmasligi esiga tushmagunicha u arava atrofida yuraverdi.

Gulsari aravaga qoʻshilganicha avvalgiday jimgina, hamma narsaga beparvo, bukchayib, oyoqlarini bir joyga toʻplab, goʻyo qotib qolganday turardi.

– Senga nima boʻldi?– Tanaboy otning oldiga yugurib keldi va uning choʻzib sekin ingraganini eshitdi.– Koʻzing uyquga ketdimi? Kasalmisan, bechora? Ahvoling chatoqmi? – U shoshib-pishib yoʻrgʻaning muzdek quloqlarini ushlab koʻrdi, yollari tagiga qoʻlini suqdi, boʻyni ham sovuq va nam. Ammo hammasidan ham uni yolining ilgarigiday ogʻir emasligi qoʻrqitib yubordi. «Juda qaribdi, yoli sop boʻlibdi, parday yengil. Hammamiz ham qariyapmiz, hammamiz ham oʻlib ketamiz»,– alam bilan oʻyladi u.

Nima qilishni bilmay boshi qotib oʻrnidan turdi. Agar ot bilan aravani tashlab yayov ketsa, yarim kechada uyiga, daradagi qorovulxonasiga yetib olishi mumkin. U yerdagi bazada xotini bilan turar, daryodan bir yarim kilometr yuqorida oʻrnashib olgan vodxoz qorovuliga qoʻshni edi. Tanaboy yozda pichan oʻrimiga, qishda esa choʻponlar pichanni talon-taroj qilib ketishmasin, muddatidan oldin isrof etib qoʻyishmasin deb, gʻaramlarga koʻz-quloq boʻlib turardi.

Oʻtgan kuzda bir ish bilan idoraga kelgan edi, yangi brigadir – chetdan kelgan yosh agronom unga:

– Oqsoqol, birrov otxonaga oʻting, biz u yerda sizga boshqa otni tanlab qoʻydik. Qarirogʻu, lekin sizning ishingizga yaraydi,– dedi.

– Qaysi otni? – sergaklandi Tanaboy. – Yana biron qirchangʻinimi?

– Oʻsha yerda koʻrsatishadi sizga. Saman ot. Bilsangiz kerak, aytishlaricha, siz bir mahallar uni minib yurar ekansiz.

Tanaboy otxonaga yoʻl oldi va qoʻrada turgan yoʻrgʻann koʻrishi bilan yuragi achishib ketdi. «Iya, yana uchrashdik»,– dedi ichida u minilaverib, nihoyat holdan toygan qari otga qarab. «Kerakmas», deyishga yuragi bormadi. Otni yetaklab ketdi.

Uyda xotini yoʻrgʻani zoʻrgʻa tanidi.

– Tanaboy, nahotki bu oʻsha Gulsari boʻlsa?– hayron qoldi u.

– Oʻsha, xuddi oʻsha. Nima qipti?– xotinining koʻziga qaramaslikka tirishib toʻngʻilladi Tanaboy.

Yoʻrgʻa bilan bogʻliq xotiralarni eslab oʻtirishning hojati yoʻq edi ularga. Tanaboyning yoshligida qilgan gunohi bor edi. Gap oʻziga yoqmaydigan mavzuga koʻchib ketishidan qochib, u xotiniga dagʻal gapirdi:

– Nima qilib turibsan, yeyishga biron narsa tayyorlasangchi. Itday ochman.

– Mana hozir otga tikilib turib, qarilik nima ekanligini bildim,– javob berdi xotini.– Agar sen huv oʻsha Gulsari ekanligini aytmaganingda tanimagan boʻlardim.

– Nimasiga hayron qolasan buning. Biz ikkimizning ahvolimiz undan yaxshiroq deb oʻylaysanmi? Hamma narsaning ham oʻz vaqti-soati bor.

– Men ham mana shuni aytyapmanda.– U oʻychan bosh chayqadi va oq koʻngillik bilan kulimsirab hazil qildi: – Ehtimol, sen yana yoʻrgʻangda tunlari daydib yurarsan? Mayli, ruxsat.

– Qayda!– u oʻngʻaysizlanib qoʻl siltadi va xotiniga orqasi bilan oʻgirilib oldi. Hazilga hazil bilan javob qaytarsa boʻlardi, biroq u uyalganidan ombor ustiga pichan olgani chiqib ketdi. U yerda ancha vaqtgacha ivirsib yurdi. Xotini anavi ishlarni unutib yuborgan, deb oʻylab yurardi, unutmagan ekanda.

Moʻridan tutun koʻtarilardi, xotini sovib qolgan ovqatni isitardi, u boʻlsa to xotini eshikdan turib qichqirmaguncha ivirsib pichan bilan ovora boʻldi.

– Tush, boʻlmasa ovqat yana sovib qoladi.

Xotini oʻtgan ishni boshqa eslamadi, eslashning nima ham hojati bor edi?..

Butun kuz va qish boʻyi Tanaboy yoʻrgʻani parvarish qildi, iliq kepak tert, maydalangan lavlagi bilan boqdi. Gulsarining tishlari tushib boʻlay degandi, faqat siniqlari qolgandi.

Otni endi oyoqqa turgʻizdim, deb oʻylovdi, buning ahvolini qarang. Endi uni nima qilish kerak?

Yoʻq, otni yoʻlning qoq oʻrtasida tashlab ketishga koʻzi qiymaydi.

– Xoʻsh, Gulsari, endi shunday turaveramizmi? – Tanaboy yoʻrgʻani qoʻli bilan itargan edi, u tebranib, oyoqlari chalishib ketdi. – Qani, toʻxtab turchi, men hozir...

U keliniga kartoshka olib kelgan boʻsh qopni qamchi sopi bilan aravaning tagidan koʻtardida, undan tuguncha chiqardi. Xotini yoʻlga non yopib bergandi, esidan chiqarib yuboribdi, ovqatni oʻylaydigan vaqt emasdi. Tanaboy nonning yarmini sindirdi, uni maydalab beshmatining etagiga soldida, otga tutdi. Gulsari qattiq nafas olib nonni hidladi, lekin uni yeya olmadi. Shunda Tanaboy unga kafti bilan yegiza boshladi. Ogʻziga bir necha boʻlagini tiqdi, ot chaynay ketdi.

– Ye, ye, ehtimol yetib olarmiza? – Tanaboy quvonib ketdi.– Asta-sekin bir amallab, ehtimol yetib olarmiza? U yogʻi bir gap boʻlar, qoʻrqadigan joyi yoʻq. U yerda kampir ikkalamiz seni parvarish qilamiz, – derdi u. Uning qaltirayotgan qoʻllariga otning lablaridan soʻlagi oqib tushar, u boʻlsa soʻlagi iliy borayotganligidan quvonardi.

Keyin u yoʻrgʻaning jilovidan ushladi.

– Qani, ketdik! Turishdan foyda yoʻq! Ketdik!– buyurdi u qat’iy qilib.

Yoʻrgʻa joyidan qoʻzgʻaldi, arava gʻijirladi, gʻildiraklar yoʻl boʻylab taraqlab sekin yurib ketdi. Ular – chol bilan qari ot asta-sekin odimlab ketishdi.

«Holdan toyibdi, – deb oʻylardi Tanaboy yoʻl chetidan odimlab bora turib. – Nechaga kirding, Gulsari? Yigirma, yoki undan ham ortiqdir. Ortiqroq boʻlsa kerak...»


II

Ular birinchi marta urushdan keyin uchrashgan edilar.

Yefreytor Tanaboy Bakasov Gʻarbda ham, Sharqda ham boʻlgan, Kvantun armiyasi taslim boʻlganidan soʻng armiyadan qaytib kelgan edi. Hammasi boʻlib u deyarli olti yil askarlik yoʻllaridan odimlab oʻtdi. Hech narsa qilmadi, Xudo asradi, bir marta obozda kontuziya qilindi, ikkinchi marta bomba parchasi bilan koʻkragidan yaralandi, ikki oycha gospitalda yotdi va yana oʻz qismiga qaytdi.

Uyga qaytayotganida esa stansiyalardagi bozorchi ayollar uni chol deb atashdi. Bu koʻproq hazil edi, albatta. Tanaboy ulardan uncha xafa ham boʻlmasdi. U yosh emasdi, albatta, lekin qari ham emasdi. Koʻrinishdangina goʻyo qariga oʻxshardi, urush yillari ichida qarib ketdi, moʻyloviga oq oralay boshladi. Ammo tanasi va ruhi hali bardam edi. Bir yildan soʻng xotini qiz koʻrdi, keyin esa ikkinchisini tugʻdi. Hozir ikkalasi ham erga chiqqan, bolalari bor. Yozda dambadam kelib turishadi. Katta qizining eri – haydovchi. Xotin, bola-chaqasini kuzovga oʻtqizadida, toqqa – cholu kampirning oldiga haydaydi. Yoʻq, cholu kampir qizlari va kuyovlaridan xafa emas, lekin oʻgʻildan yolchimadilar. Ammo bu boshqa masala...

Oʻshanda, gʻalabadan keyin yoʻlda kelayotganida chinakam hayot endi boshlanayotganday tuyulgan edi. Koʻngli biram shod ediki, asti qoʻyaverasiz. Katta stansiyalarda eshelonni duxovoy orkestr bilan kutib olishar va kuzatib qoʻyishar edi. Uyda xotini kutardi, oʻgʻilchasi sakkizga qadam qoʻygan, maktabga kirish harakatida edi. Tanaboy xuddi dunyoga qayta kelganday, xuddi shu mahalgacha boʻlib oʻtgan hamma narsaga goʻyo hozir boʻlmaganday gʻalati his tuygʻu bilan qaytayotgandi. U hamma narsani unutgisi, faqat kelajak haqida oʻylagisi kelardi. Istiqboli ham xayolida aniq-ravshan va oddiygina boʻlib koʻrinardi: yashash kerak, bolalarni oʻstirish, xoʻjalikni yoʻlga qoʻyish, uy qurish, xullas, yashash kerak. Bunga endi boshqa hech narsa xalaqit bermasligi zarur, chunki butun oʻtmish, garovga qoʻyilgan, chinakam hayot nihoyat endi boshlanib kelyapti, ana shu hayotga intilyapti, azboroyi ana shu hayot uchun odamlar urushda gʻalaba qozonishdi va qurbonlar berishdi.

Ammo endi ma’lum boʻlishicha, Tanaboy shoshilgan, ortiqcha shoshilgan ekan, kelajakning garovi uchun yana yillar va yillarni berish kerak edi.

Dastlab u temirchilik ustaxonasida bosqonchi boʻlib ishladi. Qachonlardir bu ishning hadisini olgan edi, sandon yonida turib ertalabdan kechgacha qulochkashlab shunday choʻkich urardiki, temirchi qizdirilgan temir parchasini bolgʻa ostida agʻdarib turishga zoʻrgʻa ulgurardi. Hozir ham barcha kulfat va tashvishlarini unuttirib yuboradigan temirchixonadagi oʻsha taqa-tuq, jarang-jurunglar unga goho eshitilganday boʻladi.

Non, kiyim-kechak yetishmasdi, ayollar sarpoychan kalish kiyib yurishardi, bolalar qand nimaligini bilishmasdi, kolxoz qarzga botgan, bankdagi hisoblar qalanib yotgan edi, u boʻlsa bolgʻani koʻtarib tushirish bilan bularning hammasini unutmoqchiday boʻlardi. U bolgʻani gursillatib urar, sandon jaranglar, uchqunlar koʻk tomchilar kabi sachrar edi. «Huh-ha, huh-ha!– deb nafas olardi bolgʻani koʻtarib tushirganida. – Hamma ish oʻnglanib ketadi, eng muhimi – biz gʻalaba qildik, ha, gʻalaba qildik!» deb oʻylardi. Bolgʻa esa «gʻalaba qildik, gʻalaba qildiq», degandek, «duk, duk, duk!» tushardi. Faqat ugina emas, oʻsha kunlari hamma xuddi nonday aziz gʻalaba nafasi bilan yashar edi.

Keyin esa Tanaboy yilqichilikka oʻtdi, toqqa chiqib ketdi. Choro uni shu ishga koʻndirdi. Rahmatli Choro oʻsha paytda kolxoz raisi edi, u butun urush davomida raislik qildi. Xasta yuragi tufayli uni armiyaga olishmadi. Front orqasida boʻlsa ham xiyla qarib qolgandi. Tanaboy qaytganida buni darrov payqadi.

Boshqa odam ehtimol temirchilikni tashlab yilqichi boʻlishga uni koʻndira olmasdi. Ammo Choro uning eski doʻsti edi. Ular bir vaqtlar komsomol ekanliklarida kolxozga kirishga birgalikda tashviqot qilishgan, birgalikda quloqlarni tugatishgandi. Ayniqsa u, Tanaboy oʻsha paytlari gʻayrat koʻrsatgandi. U quloqlarni tugatish roʻyxatiga tushib qolganlarni ayamasdi.

Choro uning oldiga – temirchixonaga kelib uni yangi ishga oʻtishga koʻndirdi va koʻndira olganidan u juda mamnun edi:

– Men boʻlsam sen bolgʻani qoʻldan tashlamassan, undan seni ajrata olmasman, deb qoʻrqardim, – degan edi kulimsirab.

Choro kasal edi, ozib ketgan, boʻyni choʻzilib, choʻkib ketgan yanoqlarini ajin bosgan edi. Hali kun iliq boʻlsada, Choroning fufaykasi yozda ham egnidan tushmasdi.

Ular temirchixona yaqinidagi ariq boʻyida choʻqqayib oʻtirib olib suhbatlashishardi. Choroning yoshligi Tanaboyning esiga tushib ketdi. Oʻsha davrda u ovulda eng savodxon, koʻzga koʻringan yigit edi. Odamlar vazminligi, yaxshi xulqi uchun uni hurmat qilishardi. Tanaboyga esa uning koʻngilchanligi yoqmasdi. Majlislarda u ba’zan oʻrnidan sakrab turardida, dushman bilan sinfiy kurashga yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan boʻshangligi uchun Choroni urib yiqardi. Uning soʻzlari xuddi gazetalarda yozilgan soʻzlarday shiddatli edi. Ovoz chiqarib gazeta oʻqiganlarida nimaiki eshitgan boʻlsa, hammasini yodaki takrorlardi. Ba’zan oʻzining soʻzlaridan oʻzi dahshatga tushib ketardi. Lekin juda zoʻr chiqardi.

– Bilsang, seshanba kuni men togʻda edim,– dedi Choro. – Chollar, hamma soldatlar ham qaytib kelishdimi, deb soʻrashdi. Ha, tirik qolganlarning hammasi, dedim. «Qachon ish boshlashmoqchi!» Ishni boshlashgan, deb javob qildim, biri dalada, biri qurilishda, boshqalari yana boshqa yerlarda. «Buni biz ham bilamiz. Yilqilarga kim qarashi kerak? Bizning oʻlishimizni kutishmoqchimi, bir oyogʻimiz goʻrdaku». Juda uyalib ketdim. Tushunyapsanmi muddaolarini? Biz bu chollarni urush yillari togʻlarga yilqichilikka yuborgandik. Shundan beri ular oʻsha yoqda. Senga aytib oʻtirishimning hojati yoʻq, chollarning ishi emas bu. Doim egardasan, na kunduzi, na kechasi halovat yoʻq. Qish kechalarini aytmaysanmi!

Darveshboy esingdami, egarda muzlab qotib qoldi. Ular axir otlarni yurishga, minishga ham oʻrgatishardi – armiyaga kerak edi bu otlar. Yetmish yoshingda sen togʻu dashtlarda sarson boʻlishni tatib koʻrchi. Koʻradiganingni koʻrasan. Shuncha chidab berganlari uchun ham rahmat ularga. Frontchilar boʻlsa mana qaytishdiyu, burunlarini jiyirishyapti, «chet el madaniyati»ni koʻrishgandirda, endi yilqichilikni yoqtirmay qolishibdi. Togʻlarda sarson-sargardon boʻlib nima qilaman emish. Ahvol mana shunday. Shuning uchun sen yordam ber, Tanaboy. Sen borsang, boshqalarni ham majbur qilamiz.
— Xoʻp, yaxshi, Choro, xotinim bilan gaplashib koʻray, – javob berdi Tanaboy. Oʻzi esa: «Qanaqa kunlarni boshimizdan oʻtkazdik, sen boʻlsang, Choro, hali ilgarigidaysan. Koʻngilchanliging tufayli adoyi-tamom boʻlasan. Ehtimol, bu yaxshi hamdir, urushda nimalarni koʻrmadik axir, hammamiz ham koʻngilchanroq boʻlsak yaxshi boʻlardi. Ehtimol, hayotdagi eng keragi mana shudir?» deb oʻyladi.

Ular gapni bir joyga qoʻyib ajralishdi, Tanaboy oʻzining ustaxonasi tomon yoʻl oldi. Lekin Choro birdan uni chaqirib qoldi:

– Tanaboy, toʻxta! – u otda uning oldiga keldi va egar qoshiga engashib uning yuziga tikildi:– Sen xafa boʻlmadingmi? – soʻradi u sekingina. – Bilasanmi, hech vaqt topa olmayapmanda. Ilgarigi paytlardagiday dilkashlik qilgim keladi. Necha yil koʻrishmadik. Urush tamom boʻlsa yengilroq boʻlar, deb oʻylagandim, tashvish kamaymayapti. Ba’zan har xil fikrlar boshingga kelib mijja qoqmay chiqasan. Qanday qilib xoʻjalikni yuksaltirish, xalqni toʻydirish va hamma rejalarni bajarish mumkin. Odamlar ham avvalgi odamlar emas, yaxshiroq yashashni xohlashadi...

Ammo dilkashlik qilib suhbatlashib oʻtirish ularga nasib boʻlmadi, xoli oʻtirishga vaqt ham topisha olmadi. Vaqt esa oʻtib borardi, keyinchalik endi kech boʻlib qolgandi...

Tanaboy xuddi oʻsha kezlarda toqqa yilqichi boʻlib borganida keksa Toʻrgʻayning yilqilari orasida bir yarim yashar saman toyni birinchi marta koʻrgandi.

– Merosga nima qoldiryapsan, oqsoqol? Yilqilaring juda zoʻr emasku, a? – otlarni sanaganlaridan va qoʻtondan haydab chiqarganlaridan soʻng keksa yilqichini uzib oldi Tanaboy.

Toʻrgʻay ajin bosgan yuzida bironta ham tuki boʻlmagan qotmagina, oʻsmirlarday past boʻyli chol edi. Qoʻy terisidan tikilgan kattakon paxmoq telpagi boshida xuddi qoʻziqorinday turardi. Bunday chollar odatda epchil, tili achchiq va baqiroq boʻladi.

Lekin Toʻrgʻayning jahli chiqmadi.

– Bori shu, anchayin yilqilarda, – pinagini buzmay javob berdi u.– Maqtanadigan joyi yoʻq, boqib koʻrsang bilasan.

– Ota, men shunchaki aytdim qoʻydim-da,– dedi Tanaboy, murosasozlik bilan.

– Bittasi bor! – Toʻrgʻay koʻziga tushib ketgan telpagini koʻtarib qoʻydida, uzangida turib, qamchi sopi bilan koʻrsatdi. – Oʻng tomonda oʻtlab yurgan huv anavi saman toy. Zoʻr ot boʻladi.

– Qaysi biri, huv anavi koptokday yum-yumalogʻimi? Koʻrinishdan uvoqqinaku, beli ham kalta.

– Kechikib tugʻilgan. Quvvatga kirsa zoʻr boʻladi.

– Nima fazilati bor? Nimasi yaxshi?

– Tugʻma yoʻrgʻa.

– Xoʻsh, nima qipti?

– Bundaylarni kam uchratganman. Ilgarigi zamonlarda u bebaho ot hisoblanardi. Bunday ot uchun poyga-uloqlarda jonlarini tikishardi.

– Qani koʻraylikchi! – deb qoʻydi Tanaboy.

Ular otlariga qamchi bosib, yilqilarni chekkalab borishdida, saman toychoqni bir chetga chiqarishdi va oldilariga solib haydab ketishdi. Toyning bir chopgisi kelib turuvdi. Peshonasidagi yolini silkitib pishqirdida, oʻrnidan qoʻzgʻalib, prujinali oʻyinchoq otday bir maromda shitob bilan yoʻrgʻalab ketdi. Keyin, yilqilarga qoʻshilish uchun katta yarim doira yasab aylanib chiqdi. Uning chopishiga maftun boʻlgan Tanaboy qichqirib yubordi:

– Xoʻ-oʻ-oʻ, qadam tashlashini qara! Qara!

– Sen nima deb oʻylovding! – gʻurur bilan javob qildi keksa yilqichi.

Ular yoʻrgʻaning ketidan tez yoʻrttirib borishardi va poygadagi kichkina bolalarday qichqirishardi. Ularning ovozlari goʻyo toychoqni savalayotganday boʻlar, u oʻzini deyarli zoʻriqtirmay, qadamini tobora tezlashtirib, loʻkillamasdan bir tekis yoʻrgʻalab borardi.

Ularga otlarini choptirishga toʻgʻri keldi, anavi boʻlsa hamon avvalgiday yoʻrgʻalab borardi.

– Koʻryapsanmi, Tanaboy! – telpagini silkitib qichqirardi Toʻrgʻay otda chopib borayotib: – Ziyrakligini qara-ya, ovozingga qarab qadam tashlaydi-ya! Hayt, hayt, hayt-e!

Saman toychoq nihoyat yilqilarga kelib qoʻshilganida Toʻrgʻay bilan Tanaboy uni tinch qoʻyishdi. Lekin otlarini sovutayotganda ham anchagacha hayajonlarini bosisholmadi.

– Rahmat-e, Toʻrgʻay aka, yaxshi ot yetishtiribsiz. Koʻnglim ancha koʻtarildi.

– Yaxshi ot, – qoʻshildi unga chol.– Ammo ehtiyot boʻl, – ensasini qashib birdan qovogʻini solib oldi u. – Koʻziktirib qoʻyma. Mahmadonalik qilib, eldan burun gapirib yurma. Suqsur qizlardek yaxshi yoʻrgʻa otning ham xushtori koʻp boʻladi. Qiz taqdiri shundayki, yaxshi odamga tushsa, ochilib ketadi, koʻz koʻrib quvonadi, biron ahmoqning qoʻliga tushsa, qizni koʻrib xafa boʻlib ketasan. Hech yordam ham bera olmaysan. Yaxshi ot ham xuddi shunday. Nobud qilib qoʻyish hech gapmas. Poygada qoqilib yiqiladi.

– Tashvishlanma, oqsoqol, axir mening ham bunaqa ishlardan xabarim bor, kichkina bola emasman.

– Ha, balli. Men shunchaki gapirdim qoʻydim-da. Uning oti Gulsari. Esingda tut.

– Gulsari?

– Ha. Bultur yozda nevaram mehmon boʻlib kelgandi. Bu otni oʻsha qoʻygan. Sevib qolgandi. Oʻsha vaqtda u qulun edi. Esdan chiqarma: «Gulsari».

Toʻrgʻay ezma chol ekan. Tun boʻyi nasihatgoʻylik qildi, Tanaboy uni sabr-toqat bilan tingladi.

U Toʻrgʻay bilan xotinini manzildan yetti chaqirim narigacha kuzatib qoʻydi. Unga boʻsh oʻtov qoldi, endi oilasi bilan birga koʻchib kirishi lozim edi. Boshqa oʻtovga uning yordamchisi oʻrnashishi kerak edi. Ammo hali yordamchi topishmagandi. Hozircha uning bir oʻzi edi. Xayrlashayotganida Toʻrgʻay yana:

– Saman toyga hozircha tegmay tur,– dedi. – Hech kimga ishonib topshirma ham. Bahorda oʻzing minishga oʻrgat. Ha, ehtiyot boʻl. Egarlab minib olgandan keyin qattiq haydama. Tizginini hadeb tortaversang yoʻrgʻa qadamidan ayniydi, otni buzib qoʻyasan. Tagʻin qara, birinchi kunlari issiqlab turib koʻp suv ichib qoʻymasin. Oyoqlariga suv tushadi, oqbosh yarasi paydo boʻla boshlaydi. Agar oʻlmasam, minishga oʻrgatganingdan keyin koʻrsatarsan.

Toʻrgʻay unga yilqilarni, oʻtovni, togʻ-toshlarni qoldirib, koʻch-koʻronlarini tuyaga ortdiyu, kampiri bilan joʻnab ketdi...

Gulsari oʻzi haqida qancha gap-soʻzlar boʻlganini, yana qancha soʻzlar aytilishini va bularning oqibati nima boʻlishini bilsa edi!..

U yilqilar podasida avvalgiday erkin yurardi. Chor atrofda hech narsa oʻzgarmagan, oʻsha togʻlar, oʻsha maysalar va oʻsha daryolar. Faqat chol oʻrniga Kulrang shinel' va soldatcha quloqchin kiyib olgan boshqa xoʻjayin ularni qoʻriqlay boshladi. Yangi yilqichining ovozi xirqiroq, lekin baland va kuchli edi. Yilqilar koʻp oʻtmay unga oʻrganib qolishdi. Mayli, atrofda aylanib yuraversin.

Keyin esa qor yogʻdi. U dam-badam yogʻar va erinmay uzoq yotardi. Otlar oʻt-oʻlan topish uchun tuyoqlari bilan qor titkilashardi. Xoʻjayinning yuzlari qorayib, qoʻllari shamoldan tarashaday qotib ketdi. Endi u kigiz etik kiyib, katta poʻstinga oʻralib yurardi. Gulsarining junlari juda oʻsib ketgandi, shunday boʻlsa ham u sovqotar, ayniqsa tunlari qattiq sovuq yerdi. Ayozli tunlari yilqilar bir yerga zich boʻlib toʻplanishardida, to quyosh chiqquncha ustlariga qirov tushib, shu koʻyda turishardi. Xoʻjayin shu yerdan nari ketmay yurar, qoʻlqop kiygan qoʻllarini bir-biriga urar, yuzini ishqalar edi. Ba’zan koʻrinmay qolar va yana paydo boʻlardi. Uning ketmagani yaxshi edi. Qichqirsa yoki sovuqda tomoq qirsa yilqilar boshlarini dik etib koʻtarishar, quloqlarini ding qilishar, ammo xoʻjayinlari yonlarida ekanligiga darrov ishonch hosil qilishib, tungi shamolning gʻuvillashi, hushtagi ostida mizgʻiy boshlashardi. Oʻsha qishdan buyon Gulsari Tanaboyning ovozini bir umrga eslab qoldi.

Bir kuni tunda togʻda boʻron boshlanib, quruq qor yogʻib berdi. Qor yolining ich ichiga kirar, dumini ogʻirlashtirar, koʻzlarini ochirmas edi. Yilqilar bezovta boʻlib qoldi. Otlar bir-biriga tiqilishar, qaltirashar, qari biyalar qulunlarni uyurning oʻrtasiga haydab, besaranjom boʻlishib pishqirishardi. Ular Gulsarini eng chekkaga siqib chiqarishdi, u toʻdaning orasiga hech kira olmasdi. Tepkib boshqalarni sura boshladi, butunlay chekkaga chiqib qoldi, shunda uyur aygʻiri rosa ta’zirini berdi. U koʻpdan beri atrofni aylanib yurarkan, kuchli oyoqlari bilan qorni bosib-yanchib, yilqilarni bir joyga yigʻayotgan edi. Ba’zan u boshini egib va quloqlarini chimirib qayoqqadir bir chekkaga tashlanar, qorongʻulikda koʻrinmay ketar, uning faqat pishqirishi eshitilar va gʻazab bilan yana otlarning orasiga chopib qaytib kelar edi. Bir chekkaga chiqib ketgan Gulsarini payqab qolib, uni koʻkragi bilan urdi, orqasi bilan oʻgirilib keyingi tuyoqlari bilap uning biqiniga shunchalik qattiq tepdiki, Gulsari ogʻriqdan oʻlar holatga keldi. Uning ichida nimadir guvillab ketdi, tepki yeb qichqirib yubordi va arang oyoqda turib qoldi. U oʻzboshimchalik qilishga endi urinmadi. Biqini zirqirab ogʻrirkan, zolim aygʻirdan achchigʻlanib uyurning bir chekkasida qimir etmay turdi. Otlar tinchib qolishdi, shunda u allaqanday choʻziq uvlashni eshitdi. U hech qachon boʻrining uvlashini eshitmagandi, bir on tomir urishi toʻxtab, badani muzlab ketganligini sezdi. Yilqilar choʻchib tushishdi, quloqlari ding boʻldi. Hammasi jim boʻlib qoldi. Ammo bu sukunat vahimali edi. Hamon shuvillab yogʻayotgan qor Gulsarining koʻtarilgan tumshugʻiga tushib yopishib qolardi. Xoʻjayin qayerda qoldi? Shu daqiqada u judayam kerak edi, loaqal ovozini eshitsa, poʻstinining dudli hidini hidlasa! U boʻlsa yoʻq. Gulsari bir chekkaga koʻz qirini tashladi va qoʻrquvdan qotib qoldi. Yon tomonda qorda sudralib qanaqadir koʻlanka lip etib oʻtganday boʻldi. Gulsari birdan oʻzini orqaga tashladi va shu zahotiyoq yilqilar hurkib joyidan qoʻzgʻaldi. Es-hushini yoʻqotgan otlar qattiq kishnab baravariga zulmat ogʻushiga otilishdi. Endi ularni toʻxtata oladigan hech qanday kuch yoʻq edi. Otlar togʻ oʻpirilganda qoyadan uzilib tushgan toshlar kabi bir-birlarini itarib, kuchlarining boricha olgʻa tomon talpinishardi. Gulsari hech narsani tushunmay terlab-pishib jon-jahdi bilan chopib borardi. Shunda birdan oʻq ovozi eshitildi, keyin yana gumburladi. Otlar chopib ketayotib egalarining dargʻazab qichqirigʻini eshitdi. Qichqiriq qayerdandir, yon tomondan eshitildi va keyin toʻxtamay otlarning yoʻlini kesib oʻta boshladi, soʻng old tomondan eshitildi. Ular endi bu toʻxtozsiz eshitilayotgan ovozga yetib oldilar, bu ovoz ularni oʻz ortidan yetaklab borardi. Xoʻjayin ular bilan birga edi. U har lahzada jarlik yoki daraga yiqilib tushish xavfi ostida oldinda chopib borardi. U endi boʻgʻiq ozoz bilan qichqirardi, keyin xirillay boshlady, ammo ovozi tinmadi:

Hayt, hayt, hayt-a-ayt!» Otlar ta’qib qilayotgan dahshatdan qutulish uchun uning izidan chopishardi.

Tongga yaqin Tanaboy yilqilarni eski joyiga haydab keldi. Faqat shu yerdagina otlar toʻxtashdi. Yilqilar ustidan quyuq tuman kabi bugʻ koʻtarilardi, otlarning biqinlari koʻtarilib-tushib turar, boshlaridan kechirgan dahshatdan hamon qaltirashardi. Ular qor yeyishardi. Tanaboy ham qor yerdi. U tizzalab oʻtirib olib, ogʻziga siqimlab qor tiqardi. Keyin u yuzini kaftlari orasiga olib, qimir etmay uzoq oʻtirdi. Osmondan esa hamon qor yegʻib turardi. U otlarning issiq sagʻrisida darrov erib ketib, loyqa, sargʻish tomchilarga aylanib pastga oqib tushardi.

* * *

Kalin qorlar erib ketdi, oʻtlar koʻkarib qoldi. Gulsari tez etga kirdi. Yilqilar tullab, terilari yiltillab qoldi. Qish va yem-xashak tanqisligi goʻyo sira boʻlmaganday. U otlarning esidan chiqib ketgan, ammo odamning xotirida qolgan. U sovuqni, boʻronli tunlarni eslaydi, egar ustida qotib oʻtirgan paytlarini, muzlab qolgan qoʻl va oyoqlarini gulxan yonida isitib, yigʻlab yubormaslik uchun lablarini tishlagan vaqtlarini eslaydi. Bahorda yerni yupqa muz bilan qoplab olgan «yut»ni eslaydi, oʻshanda uyurdagi eng kuchsiz yilqilar halok boʻlganligini, togʻ» lardan tushib, kolxoz idorasida koʻzini yerdan uzmay otlarning oʻlganligi haqidagi aktga imzo chekkanligini va birdan gʻazabga qelib, rais stoliga musht urib baqirganligini eslaydi:

– Sen menga bunaqa qarama! Men senga fashist emasman! Yilqilar uchun otxona qani, yem-xashak qani, suli qani, tuz qani? Buyuqda qolib ketganmiz! Axir xoʻjalikni shunday olib borish kerak deyilganmi? Qaragin, qanaqa yirtiq-yamoq kiyimda yuribmiz! Oʻtovlarimizni koʻr, qanday yashayotganligimizni koʻr! Toʻyib non yemaymiz. Urush vaqtida ham bundan yuz marta yaxshi yashardik. Sen boʻlsang menga xuddi bu otlarni men boʻgʻib oʻldirganday oʻqrayib qaraysan!

Raisning mum tishlab qolgani, uning rangi boʻzarib ketgani hali ham esida. Oʻz soʻzlaridan uyalib ketganini va uzr soʻray boshlaganini eslaydi u.

– Sen... kechir meni, qizishib ketdim, - duduqlanib zoʻrgʻa tilga kirgandi u.

– Sen meni kechirishing kerak,– dedi unga Choro.

Rais omborchi ayolni chaqirib:

– Unga besh kilo un ber,– deganda Tanaboy beshbattar qizarib ketgandi.

– Yaslini nima qilamiz?

– Qanaqa yasli? Doim sen hamma narsani chalkashtirib yurasan! Ber! – keskin buyurdi Choro.

Tanaboy yaqinda sut sogʻila boshlanadi, qimiz boʻladi, deb un olishdan bosh tortmoqchi edi-yu, lekin raisga nazar tashlab va uning jon achchigʻida yolgʻon gapirganini anglab indamay qoʻya qolishga majbur boʻldi. Keyinchalik, u shu undan qilingan ugra oshdan icharkan, har gal ogʻzini kuydirib olardi. Qoshiqni tashlab:

– Bu nimasi, ogʻzimni kuydirmoqchimisan?– derdi.

– Sovutib ich, kichkina emassan-ku,– bamaylixotir javob berardi xotini.

Unutmagandi, hech narsani unutmagandi u.

Mana, may oyi yetib keldi. Yosh aygʻirlar kishnashar, bir-birlari bilan urishib, begona uyurlardan yosh biyalarni haydab olib ketishardi. Yilqichilar urishqoq otlarni quvib yuborish uchun kuyib-pishib chopishar, bir-birlari bilan soʻkinishar, ba’zan oʻzlari ham yoqalashib ketishar, qamchi koʻtarishar edi. Gulsarining bular bilan ishi yoʻq edi. Bir yoqdan yomgʻir yogʻib, bir yoqdan oftob chiqar, tuyoqlar ostidan oʻt unar edi. Oʻtloqlar koʻm-koʻk, ularning ustidagi tizma togʻlarda oppoq-oppoq qorlar yarqirab turardi. Oʻsha bahorda saman yoʻrgʻa yoshlikning ajoyib davrini surardi. Bir yarim yasharli kalta dum, serjun toychoqdan kelishgan, baquvvat aygʻirga aylanib borayotgandi. Uning boʻyi oʻsdi, tanasi yumshoq tarhlarini yoʻqotib, uch burchak shakliga kira boshlagandi – koʻkragi keng, orqasi ingichka edi. Kallasi ham yoʻrgʻa otlarnikidek ozgʻin, peshonasi doʻng, koʻzlarining oraligʻi keng, lablari yigʻiq va tarang edi. Ammo uning chopishdan boshqa ishi yoʻq, shu sababdan u xoʻjayiniga koʻp tashvish orttirgan edi. Oʻz tengdoshlarini orqasidan ergashtirib, bularning orasida uchar yulduzday chopib yurardi. Qanaqadir bitmas-tuganmas kuch uni togʻlarga, yon bagʻirlardan pastliklarga, toshli qirgʻoq, tik soʻqmoqlar boʻylab, soyliklarga haydardi. Hatto tun yarmida, yulduzlar ostida uyquga ketganida ham oyoqlari ostidagi zaminining qochib ketayotganligi, yoli va quloqlarida shamolning hushtak chalayotganligi, tuyoqlari taqillayotganligi tushiga kirardi.

Oʻziga bevosita aloqador boʻlmagan hamma narsaga qanday qarasa, xoʻjayiniga ham xuddi shunday qarardi. Uni sevmasdi ham, unga hech qanday adovati, gʻarazi ham yoʻq edi, chunki unga xalaqit bermasdi. Faqat uzoqqa chopib ketishganida ularni quvib soʻkinardi. Ba’zan xoʻjayini saman yoʻrgʻaning sagʻrisiga ukruk – sirtmoq bilan bir-ikki urib qolishga ulgurardi. Bunday vaqtda Gulsarining butun tanasi titrab ketar, ammo kaltakdan koʻra koʻproq zarbning toʻsatdan kelib tushganligidan choʻchib ketardi, shunda qadamini yana ham tezlashtirardi. U yilqilar yoniga qaytayotib qanchalik tez chopsa, ukrukni koʻndalang tutib izma-iz quvib kelayotgan xoʻjayiniga shunchalik koʻp yoqardi. Yoʻrgʻa oʻz ortidan ruhlantiruvchi qichqiriqlarni, xoʻjayini egar ustida oʻlan ayta boshlaganini eshitar, bunday damlarda u egasini sevar, qoʻshiq ostida chopishni yaxshi koʻrar edi. Borib-borib bu qoʻshiqlar qulogʻida qoldi – ularning orasida har xili: quvnogʻi va gʻamgini ham, uzuni va qisqasi ham, soʻzlisi va soʻzsizi ham bor edi. U yana xoʻjayining yilqilarni tuz bilan boqishini ham yaxshi koʻrardi. Qoziqlarga oʻrnatilgan uzun taxta oxurga egasi yalama tuz parchalarini tashlardi. Butun yilqilar yopirilib kelardi, ana rohat, ana maza. Uni qoʻlga tushirgan ham shu tuz boʻldi.

Bir kuni xoʻjayin boʻsh chelakni taqillatib chalib, otlarni «poʻ, poʻ, poʻ!» deb chorlay boshladi. Otlar chopib kelishdi. Gulsari boshqalarning oʻrtasida turib tuz yalardi va xoʻjayini sherigi bilan birga qoʻllarida sirtmoq bilan yilqilarni aylana boshlaganida sira ham bezovtalanmadi. Buning unga dahli yoʻq edi. Ukruk bilan miniladigan otlarni, sogʻiladigan biyalarni va boshqa yilqilarni tutishardi, lekin uni tutishmasdi. U erkin edi. Birdan qil sirtmoq uning boshidan sirgʻalib tushib, boʻynida osilib qoldi. Gulsari nima gapligini tushunmas, sirtmoqdan u qoʻrqmas, shuning uchun tuz yalashda davom etardi. Boshqa otlar boʻyinlariga ukruk tashlanganida oʻzlarini har yoqqa tashlardilar, oyoqlarini koʻtarib sapchirdilar, Gulsari boʻlsa qimir etmadi. Lekin uning daryoga chopib borib suv ichgisi kelib ketdi. Boʻynidagi sirtmoq esa tortilib uni toʻxtatib qoʻydi. Bunaqasi sira boʻlmagandi. Gulsari sapchib oʻzini orqaga tashladi, koʻzlari ola-kula boʻlib xirillay boshladi, soʻng shiddat bilan old oyoqlarini osmonga tik koʻtardi. Atrofdagi otlar birpasda tumtaraqay qochib ketishdi, shunda u oʻzini qil arqonda ushlab turgan odamlar oʻrtasida koʻrdi. Egasi oldinda, uning orqasida esa ikkinchi yilqichi turardi, yaqindan beri bu yerda paydo boʻlib qolgan va yilqilar tevaragida tinmay ot choptirib, uning joniga tekkan yilqichilarning bolalari ularni oʻrab olishgandi.

Yoʻrgʻa otni dahshat bosdi. U tagʻin bir sapchib oyoqlarini baland koʻtardi, soʻng yana osmonga sapchidi, koʻzi oʻngida quyosh olovli doiralarga boʻlinib xiralashib ketdi, togʻlar, yer, odamlar qulab, chalqanchasiga yiqilib tusharkan, koʻz oldini bir lahza qop-qora, vahimali boʻshliq qopladi, u bu boʻshliqni oldingi oyoqlari bilan tepkilab turardi.

Ammo u qancha tepinmasin, sirtmoq boʻynini borgan sari qattiqroq siqib borardi, yoʻrgʻa samanning nafasi boʻgʻilib, oʻzini odamlardan chetga olish oʻrniga ularga tashlandi. Odamlar oʻzlarini olib qochishdi, sirtmoq bir daqiqa boʻshashdi va ot chopib ularni sudrab ketdi. Ayollar qichqirib, bolalarini oʻtovlarga hayday boshlashdi. Lekin yilqichilar oʻrinlaridan turib olishga ulgurishdi va sirtmoq yana Gulsarining boʻynidan siqa boshladi. Bu gal u shu qadar qattiq siqdiki, nafas olishning iloji boʻlmay qoldi. Shunda u boshi aylanib, nafasi boʻgʻilib toʻxtadi.

Arqonni qoʻldan chiqarmay, xoʻjayin yon tomondan yaqinlashib kelaverdi. Gulsari uni bir koʻzi bilan koʻrib turardi. Xoʻjayin tilka-pora boʻlib ketgan kiyimda, yuzlari shilingan holda unga yaqinlashardi Ammo egasining koʻzlarida gʻazab uchquni koʻrinmasdi. U ogʻir nafas olar va yorilib ketgan lablarini chapillatib sekin, deyarli shivirlab gapirardi:

– Tek, tek, Gulsari, qoʻrqma, toʻxta, toʻxta!

Uning ortidan arqonni boʻshatmay ehtiyotkorlik bilan yordamchisi yaqinlashib kela boshladi. Xoʻjayin nihoyat qoʻlini choʻzib saman otga yetkazdi, uning boshini siypadi, oʻgirilmay turib yordamchisiga:

– Yuganni ber, – dedi. U yuganni uzatdi.

– Tek tur, Gulsari, tek tur, jonivor, – der edi u. U yoʻrgʻa otning koʻzlarini kafti bilan berkitib turib boshiga yugan soldi.

Endi uni jilovlash va egarlash kerak edi. Kallasiga yugan tashlanganida Gulsari xirillab, qochishga urinib koʻrdi. Lekin egasi uning yuqori labidan ushlab qolishga ulgurdi.

– Burov sol! – qichqirdi yordamchisiga. U chopib kelib otning labiga chilvir bilan burov soldi va gʻaltakni aylantirganday tayoq bilan aylantira boshladi.

Yoʻrgʻa saman ogʻriq azobidan orqa oyoqlariga oʻtirib qoldi va ortiq qarshilik koʻrsatmadi. Sovuq temir suvliq tishlariga taqillab tegdi va ogʻzining burchlariga botib ketdi. Uning ustiga nimanidir tashlashdi, beliga qayish solib shunday tortishdiki, koʻkragi qisilib, tebranib ketdi. Bular ham koʻziga koʻrinmadi, endi lab-lunjidagi dahshatli ogʻriqnigina sezardi, xolos. Koʻzlari kosasidan chiqib ketayozgandi. Na qimirlab, na nafas olib boʻlardi. U hatto egasi qachon va qanday qilib ustiga minib olganini ham sezmay qoldi, ogʻzidan burovni olishgandagina oʻziga keldi.

Hamma yogʻidan qayish bilan tortilgan va ogʻirlashgan ot hech narsani tushuna olmay bir-ikki daqiqa turib qoldi, keyin yelkasi osha koʻz qirini tashlab, birdan ustida odam borligini koʻrdi. Choʻchiganidan oʻzini bir chekkaga otdi, lekin suvliq ogʻzini yirtar, odamning oyoqlari esa biqinlariga qattiq botib turar edi. Saman ot oldingi oyoqlarini tikka koʻtardi, gʻazabnok va jon achchigʻi bilan kishnadi, shataloq otib u yoqdan bu yeqqa yugurib-eldi va oʻzini bosib turgan hamma yukni ustidan uloqtirib tashlash uchun kuch toʻplab bir tomonga tashlandi, biroq ikkinchi uchini boshqa bir otliq odam mahkam ushlab turgan arqon uni qoʻyib yubormasdi. Shunda u doira yasab chopa boshladi, u doiradan chiqib, qochib ketish payida boʻlardi. Biroq doiradan chiqib ketib boʻlmas, tinmay chopar edi. Odamlarga xuddi mana shunisi kerak edi. Egasi uni qamchi bilan urib turar, etik poshnasi bilan niqtardi. Shunday boʻlsa ham saman ot uni ikki marta ustidan uloqtirib tashladi. Ammo egasi oʻrnidan turar va yana egarga minardi.

Bu holat shu yoʻsinda uzoq, juda uzoq davom etdi. Boshi aylanardi, atrofdagi yer, oʻtovlar aylanardi, uzoqlarga tarqalib ketgan otlar, togʻlar, osmondagi bulutlar aylanardi. Keyin u charchadi va qadamlab yurib ketdi. Juda chanqadi.

Ammo unga suv berishmasdi. Kechqurun ustidan egarini olmay, faqat ayilini salgina boʻshatib, otqoziqqa qantarib qoʻyishdi. Jilovini egarning qoshiga qattiq oʻrab bogʻlab qoʻyilganidan boshini tik tutishga toʻgʻri kelar va natidada yerga yota olmas edi. Uzangilar koʻtarilib egar qoshiga ilib qoʻyilgandi. U tun boʻyi shu taxlitda turib chiqdi. U oʻz boshidan kechirgan bu gʻaroyib narsalarning hammasidan dovdirab, esankirab tikka turardi. Ogʻzidagi suvliq hamon unga xalaqit berar, u salgina qimirlasa ham ogʻzini ogʻritar, temirning mazasi ham yoqimsiz edi. Ogʻzining shishgan burchaklarini suvliq shilib yuborgandi. Qornidagi qayish qiyib yuborgan joylari achishardi. Egar tagidan qoʻyilgan namat terlik ham belini ogʻritardi. Juda-juda suv ichgisi kelardi. U daryoning shovillashini eshitar va bundan chanqogʻi yanada kuchayardi. U yoqda – daryoning narigi betida har vaqtdagiday yilqilar oʻtlab yurishardi. Koʻp tuyoqlarning taqir-tuquri, otlarning kishnashi va tungi yilqichilarning qichqirigʻi eshitilardi. Oʻtovlar oldidagi odamlar gulxanlar yonida oʻtirib dam olishar, bolalar itlarni mayna qilib vovillashardi. U boʻlsa oʻz joyida turar, hech kimning u bilan ishi ham yoʻq edi.

Soʻng, oy koʻtarildi. Togʻlar zulmat quchogʻidan chiqib, oyning sargʻish nuri ostida sekin tebrana boshladi. Yulduzlar tobora yerga yaqinlashib, yorqinroq porlardi. U bir joyga mahkam bogʻlanganicha qimir etmay turar, uni kimdir izlardi. U oʻzi bilan birga oʻsgan va oʻzidan hech qachon ajralmaydigan jiyron baytalning kishnashini eshitardi. Baytalchaning peshonasida oq yulduz qashqasi bor edi. U saman toycha bilan chopib yurishni yaxshi koʻrardi. Aygʻirlar uning ortidan quvib yura boshlagandi, u tutqich bermas, yoʻrgʻa toy bilan birga ulardan uzoqqa qochib ketardi. Jiyron baytalcha ham, saman toy ham hali yoshiga yetmagan edi.

Mana, u qaydadir juda yaqin joyda kishnadi. Ha, bu oʻsha biya edi, uning ovozini u aniq tanidi. U javob qaytarmoqchi boʻldi-yu, ammo shilinib, shishib ketgan ogʻzini ochgani qoʻrqardi. Juda ham ogʻrirdi.

Nihoyat baytalcha uni izlab topdi. Oydinda peshonasidagi oq yulduzchani yaraqlatib yengilgina chopib keldi. Dumi va oyoqlari hoʻl edi. U daryoni kechib oʻtib, oʻzi bilan birga suvning sovuq nafasini keltirgandi. Tumshugʻini tirab, yumshoq iliq lablarini tegizib, uni iskay boshladi. Biya erkalanib pishqirar, uni oʻzi bilan birga ketishga chorlar, u boʻlsa joyidan qoʻzgʻala olmasdi. Soʻng biyacha uning boʻyniga kallasini qoʻydi-da, tishlari bilan yollari orasini qashiy boshladi. Saman toy ham uning boʻyniga kallasini qoʻyishi va yagʻrinini qashishi kerak edi. Ammo uning mehribonligiga mehribonlik bilan javob qaytara olmasdi, hatto qimir etishga holi kelmas, u chanqagandi. Baytalcha qochib ketganida to uning soyasi daryo ortidagi tun qorongʻuligiga singib ketguncha orqasidan qarab qoldi. Keldi-yu ketdi. Uning koʻzlaridan tirqirab yosh chiqdi. Yirik-yirik yosh tomchilari tumshugʻidan oqib, oyoqlari ostiga sekingina dumalab tushardi. Saman yoʻrgʻa umrida birinchi marta yigʻlayotgandi.

Erta tongda xoʻjayin keldi. U atrofdagi koʻm-koʻk togʻlarga qaradi, kulimsirab bir kerishib oldi, suyaklari sirqirab ogʻriganidan ingrab qoʻydi.

– Oh, Gulsari, kecha mening rosa adabimni berding-da. Nima qildi? Sovqotdingmi? Voy seni qara-yu. Ha, durust, durust.

U yoʻrgʻa toyning boʻynini silab-siypadi va unga qandaydir iliq hazilomuz soʻzlarni gapira boshladi. Odam nimalarni gapirayotganini Gulsari qayoqdan bilsin? Tanaboy boʻlsa bunday derdi:

– Ha, mayli, xafa boʻlma, birodar. Umr boʻyi ishsiz, bekor yurmassan axir. Koʻnikib qolarsan, hamma ish oʻnglanib ketadi. Qiynalding-a, hechqisi yoʻq, shusiz boʻlmaydi. Hayot mana shunaqa, doʻstim, toʻrttala tuyogʻingni ham taqalaydi. Keyinchalik yoʻlingda uchragan har bir toshga egilib ta’zim qilib yurmaysan. Qorning ochdimi, a? Chanqadingmi? Bilaman...

U saman toyni daryo tomon yetaklab ketdi. Yaralangan ogʻzidan suvligʻimi avaylab chiqardi. Gulsari titrab-qaqshab suvga tashlandi, sovuqdan koʻzlaridan yosh chiqdi. Oh, suv naqadar mazali edi, u buning uchun odamdan qanchalik minnatdor!

Shunday qilib, oradan koʻp vaqt oʻtmay u egarga shunchalik koʻnikib ketdiki, uning ogʻirligini sezmay ham qoldi. Ustidagi chavandoz unga qushday yengil koʻrinar, oʻzini yaxshi sezardi. Odam sira jilovni boʻsh qoʻymas, saman ot boʻlsa yoʻllarda bir maromda oyoq tashlab, yoʻrgʻalab ketardi. U egar ostida shunchalik tez va tekis yurishga oʻrgangan ediki, odamlar qoyil qolishardi:

– Ustiga bir chelak suv qoʻy – bir tomchi ham toʻkilmaydi! – deyishardi.

Avvalgi yilqichi chol – Toʻrgʻay esa Tanaboyga dedi:

– Rahmat, yaxshi oʻrgatibsan. Yoʻrgʻangning dongʻi chiqishini endi koʻrasan!


III

Eski arava gʻildiraklari kimsasiz yoʻlda sekin gʻirchillab borardi. Ba’zan gʻildiraklarning toʻqillashi eshitilmay qolardi. Holdan toygan yoʻrgʻa toʻxtab qolar, sukunat choʻkkan damda yuragining gup-gup, gup-gup etib urayotganligi qulogʻiga chalinardi.

Keksa Tanaboy otning nafasini rostlab olishini kutib turar, soʻng yana jilovidan tortardi:

– Ketdik, Gulsari, ketdik, qara, qorongʻi tushib qoldi.

Ular bir yarim soatlarcha yurishdi, keyin yoʻrgʻa taqqa toʻxtab qoldi. U aravani ortiq torta olmasdi. Tanaboy yana ot atrofida aylana boshladi.

– Senga nima boʻldi, Gulsari, a? Qara, tezda tun kiradi!

Lekin ot uni tushunmasdi. U hatto kallasini koʻtarishga ham majoli yetmay, boshini silkitib, chayqalib turardi. Qulogʻiga esa hamon yuragining gup-gup, gup-gup etib urishi eshitilardi.

– Kechir meni, – dedi Tanaboy. – Darrov fahmim yetmaganini qara-ya. Qurib ketsin bu arava ham, bu egar-jabduq ham, seni bir amallab uyga yetkazib olsam boʻlgani.

U poʻstinini yerga tashladi va shoshib-pishib otni aravadan chiqardi, boshidan xomutni oldi-da, hamma anjomlarni aravaga tashladi.

– Mana, vassalom, – dedi u va poʻstinini kiyib aravadan chiqarilgan saman otiga qaradi. Xomutsiz, anjomsiz haddan ortiq katta kallali ot hozir kechki sovuqda choʻl oʻrtasida arvohday turardi. – Yopiray, Xudoyim-e, qay ahvolga tushib qolding, Gulsari? – pichirladi Tanaboy. – Agar seni hozir Toʻrgʻay koʻrganidami, goʻrida tik turardi...

U saman otning jilovidan tortdi, ular yana asta yurib ketishdi. Qari ot va keksa odam. Ortda arava qolib ketdi, oldinda, gʻarb tomonda yoʻlni qoramtir-binafsha rang zulmat bosib kelayotgandi. Tun togʻlarni chulgʻab ufqni berkitib, choʻl ustiga, unsiz-tovushsiz yoyilib kelardi.

Tanaboy yurib borarkan, uzoq yillar davomida saman ot bilan bogʻliq boʻlgan narsalarni eslar va alamli jilmayib, odamlar haqida oʻylardi: «Biz hammamiz mana shunaqamiz. Umrimizning oxirida, birortamiz ogʻir kasal boʻlib qolganimizda yoki dunyodan oʻtganimizda bir-birimizni eslaymiz. Ana shunda kimni yoʻqotganimiz, u qanday odam boʻlganligi, nimasi bilan dong chiqarganligi, qanday ishlar qilganligi birdan hammamizga ayon boʻlib qoladi. Tilsiz maxluq haqda nima deyish mumkin? Gulsari kimlarni olib yurmadi axir! Kimlar uni minmadi! Qarishi bilan uni hamma unutdi qoʻydi. Endi oyoqlarini zoʻrga sudrab yuribdi. Axir qanaqa ot edi u!»

Soʻng u yana oʻtgan voqealarni eslay boshladi va qanday qilib koʻpdan beri xayolan oʻtmish kunlarga qaytmaganligiga oʻzi ham hayron boʻldi. Qachonlardir boʻlib oʻtgan ishlarning hammasi uning xotirasida jonlana boshladi. Hech narsa ham izsiz yoʻqolmas ekan. Ilgarilari u oʻtmish haqida kam oʻylardi, toʻgʻrirogʻi, oʻylashga yoʻl qoʻymasdi. Endi boʻlsa, oʻgʻli va kelini bilan boʻlgan gap-soʻzdan keyin jonini berayotgan saman otning jilovidan ushlab yoʻlda ketarkan, boshidan oʻtgan yillarni alam va hasrat bilan esladi va bu yillarning hammasi uning koʻz oʻngida yaqqol gavdalandi.

U oʻz xayollari bilan band boʻlib qadam tashlab borardi, saman ot esa jilovni tobora ortga tortib sudralib kelardi. Cholning qoʻli tolib qolganida jilovni boshqa yelkasiga oshirar va yoʻrgʻani yana yetaklab ketar edi. Keyin u bunday yurishdan charchadi, saman otga ham dam berdi. Oʻylab turib otning kallasidan yuganni chiqarib oldi.

– Oldinda yur, holing kelganicha yur, men orqangdan boraman, seni tashlab ketmayman, – dedi u. – Qani yur, asta-asta.

Endi saman ot oldinda, Tanaboy esa yelkasida yugan, orqada borardi. U yuganni hech qachon tashlamaydi. Gulsari toʻxtaganida Tanaboy u kuch yigʻib olsin, deb kutib turar, soʻng yana ular yoʻlda sudralib ketishardi. Qari ot va keksa odam.

Bir vaqtlar mana shu yoʻldan orqasida chang-toʻzon qoldirib Gulsari yelib oʻtganini eslab, Tanaboy gʻamgin kulimsirab qoʻydi. Choʻponlar mana shu chang-toʻzondan saman otning chopib oʻtganligini bilib olishlarini aytishardi. Tuyoqlari ostidan chiqqan chang choʻlda oppoq boʻlib suzar va shabada-shamolsiz kunlari u xuddi reaktiv samolyotning tutuniday yoʻl ustida muallaq osilib turardi. Bunday damlarda choʻpon kaftini koʻzlari ustiga soyabon qilib oʻzicha: «Gulsari kelyapti! Bu oʻsha Gulsari» derdi va issiq shamolda yuzini kuydirib, bu ot ustida yelib kelayotgan baxtli kishi haqida havas bilan oʻylardi. Dongʻi ketgan mana shunday yoʻrgʻa ustida oʻtirib borish qirgʻiz uchun buyuk sharafdir.

Gulsari qancha kolxoz raislarini koʻrmadi deysiz, har xili boʻlgan – aqlli va tentaklari, sofdil va vijdonsizlari boʻlgan, ammo hammasi ham oʻz raisligining birinchi kunidan to soʻnggi kunigacha saman otni minib yurgan. «Qani endi ular? Ertadan kechgacha ularni olib yurgan Gulsarini goho-goho eslab qoʻyisharmikin?» – oʻylardi Tanaboy.

Ular nihoyat jarlik ustidagi koʻprikka yetib olishdi. Bu yerda yana toʻxtashdi. Saman og yerga yotish uchun oyoqlarini buka boshladi, lekin Tanaboy bunga yoʻl qoʻyishi mumkin emasdi, keyinchalik hech qanday kuch bilan uni joyidan turgʻiza olmasdi:

– Tur, tur! – qichqirib yubordi u va tizgin bilan otning kallasiga tushirdi. Soʻng urgani uchun oʻzidan xafa boʻlib, yana baqira boshladi: – Nega tushunmaysan axir? Harom oʻlmoqchimisan? Bunga sirayam yoʻl qoʻymayman! Tur, tur, dedim!

U otning yolidan tortardi.

Gulsari oyoqlarini zoʻr-bazoʻr tiklab oldi, ogʻir ingradi. Qorongʻu boʻlsa ham otning koʻziga qarashga Tanaboyning yuragi dov bermadi. U otni silab-siypadi, u yer-bu yerini paypaslab koʻrdi, soʻngra qulogʻini otning chap biqiniga tutdi. U yerda, otning koʻkragida yuragi xuddi yoʻsinlarga oʻralib qolgan tegirmon parragiday pixillab zoʻrgʻa urib turar edi. U to beli qaqshagunicha otning yonida shu koʻyda uzoq egilib turdi. Keyin qaddini rostlab, boshini silkidi, xoʻrsindi, soʻng tavakkal qilishga – koʻprikdan oʻtgach, soy yoqalab boruvchi soʻqmoqqa burilishga qaror qildi. Bu soʻqmoq togʻliqqa olib chiqardi va uyga tezroq yetib olishi mumkin edi. Toʻgʻri, tunda adashib qolish ham hech gap emas, ammo Tanaboy oʻziga ishonardi, bu yerlarni koʻpdan beri bilardi, faqat ot chidash bersa boʻlgani.

Chol shular haqida oʻylar ekan, uzoqda yoʻlovchi mashinaning chiroqlari porlab koʻrindi. Chiroqlar zulmat quchogʻidan bir juft yorqin shar kabi toʻsatdan chiqdi-da, uzun, tebranuvchi yogʻdulari bilan oʻz oldidagi yoʻlni paypaslab tez yaqinlashib kela boshladi. Tanaboy saman ot bilan koʻprik yonida turardi. Mashina ularga hech qanday yordam bera olmasdi, shunday boʻlsa ham Tanaboy uni kutib turardi. Sababini oʻzi bilmasa ham kutib turardi u.

«Nihoyat, loaqal bittasi uchradi»,– oʻyladi u yoʻlda odamlar paydo boʻlganligidan mamnun boʻlib. Yuk mashinasining chiroqlari oʻtkir nurlari bilan uning koʻzlarini qamashtirgan edi, u koʻzlarini qoʻli bilan berkitib oldi.

Mashina kabinasida oʻtirgan ikki kishi koʻprik yonidagi qari kishi va uning oldida goʻyo ot emas, balki odamga ergashib olgan itga oʻxshab turgan egarsiz, yugansiz qirchangʻini koʻrib hayron qolishdi. Toʻgʻri tushgan yorugʻlik bir lahza chol va otni yoritib yubordi va ular birdan jismsiz oppoq shaklga aylanib qolgandek boʻldi.

– Tavba, tun yarmida bu yerda nima qilib yuribdi? – dedi haydovchining yonida oʻtirgan quloqchin telpakli novcha yigit.

– Bu oʻsha, anavi yoqdagi arava shuniki, – tushuntirdi haydovchi va mashinasini toʻxtatdi. – Senga nima boʻldi, chol? – qichqirdi u kabinadan boshini chiqarib. –Yoʻlda aravani tashlab ketgan senmisan?

– Ha, men,– javob berdi Tanaboy.

– Shunaqa degin. Qarasak, yoʻlda shalagʻi chiqqan arava yotibdi. Atrofda hech kim yoʻq. Abzal-anjomni olmoqchi edik, u ham hech narsaga arzimas ekan.

Tanaboy indamadi.

Haydovchi mashinadan tushdi, aroqning oʻtkir badboʻy hidini har yoqqa taratib, u yoqdan-bu yoqqa bir necha qadam tashladi.

– Nima boʻldi? – soʻradi u qayrilib.

– Ot torta olmadi, kasal boʻp qoldi, uning ustiga oʻzn ham qari.

– Hmm. Xoʻsh, endi qayoqqa bormoqchisan?

– Uyga. Sarigov darasiga.

– Oʻ-hoʻ! – hushtak chalib yubordi haydovchi. – Toqqami? Yoʻlimiz bir emas ekan. Xohlasang, kuzovga chiq, sovxozgacha eltib qoʻyaman, u yerdan ertaga ketasan.

– Rahmat. Otim bor.

– Manavi oʻlimtikmi? Itga tashla uni, huv anavi jarlikka itarib yubor, vassalom, qargʻalar choʻqib tamom qilishadi. Xohlasang, koʻmaklashib yuboraylik.

– Ketaver, – dedi qovogʻini uyib Tanaboy.

– Bilganingni qil, – tirjaydi haydovchi va eshikni yopa turib kabina ichiga qarab soʻz qotdi: – Miyasi aynib qolibdi cholning!

Mashina qoʻzgʻalib, xira nur oqimini oʻzi bilan ergashtirib ketdi. Stop-signallarning toʻq qizil nuri bilan yoritilgan soy ustidagi koʻprik gʻichirlab qoldi.

– Nega u odam ustidan kulasan, agar oʻzingning boshingga shunday kun tushsa nima boʻlardi? – dedi koʻprikdan oʻtgach, haydovchi yonida oʻtirgan quloqchinli yigit.

– Hechqisi yoʻq... – Haydovchi esnab barankani aylantirdi. – Har qanaqasiga duch kelganman. Men gapning poʻskallasini gapirdim. Qandaydir bir qirchangʻi... Oʻtmishning sarqiti. Hozir, birodar, hamma narsaning otasi texnika. Hamma yerda texnika. Urushda ham. Bunaqa chollar va otlarning davri oʻtdi.

– Mol ekansan! – dedi yigit.

– Tupirdim hammasiga, – javob berdi u.

Mashina ketgandan soʻng, yana hamma yoqni tun zulmati qopladi, koʻz esa yana qorongʻulikka oʻrgandi. Tanaboy saman otni hayday boshladi.

– Qani, ketdik, chuh, chuh! Yursang-chi!

Koʻprikdan oʻtgandan keyin u otni katta yoʻldan soʻqmoqqa burdi. Endi ular qorongʻilikda zoʻr-bazoʻr koʻrinib turgan soʻqmoq bilan soy yoqalab asta-sekin ilgarilab borishardi. Oy togʻlar ortidan endigina moʻralab kelayotgandi. Yulduzlar sovuq osmonda miltillashib, uning chiqishini kutishardi.


IV

Gulsari minishga oʻrgatilgan yili yilqilarni kuzgi yaylovlardan kech qaytarishdi. Kuz odatdagiga qaraganda choʻzilib ketdi, qish ham yumshoq keldi, qor tez-tez yogʻdi-yu, ammo uzoq turmadi. Yem-xashak yetarli edi. Bahorda esa yilqilar yana togʻ yonbagʻirlariga qaytib kelishdi va choʻl gullab-yashnashi bilanoq pastlikka tusha boshlashdi.

Urushdan keyin Tanaboy hayotida bu, ehtimol, eng yaxshi davr boʻlgan chiqar. Qarilikning qoʻngʻir oti uni hali dovon ortida, garchand bu dovon yaqin boʻlsa ham kutib turar, Tanaboy hali yosh saman yoʻrgʻani minib yurar edi. Bu yoʻrgʻa ot unga bir necha yil keyin uchraganda, u Gulsarini minganda, ehtimol bu qadar oʻzini baxtli sezmasdi. Ha, Tanaboy goho odamlar oldida oʻzini koʻz-koʻz qilishdan ham qaytmasdi. Yelib ketayotgan saman ot ustida oʻtirib u oʻzini qanday koʻz-koʻz qilmasin! Gulsari buni yaxshi bilardi. Ayniqsa Tanaboy ovulga ketayotganida ishga toʻda-toʻda boʻlib borayotgan ayollar yoʻlda uchrab qolsa, oʻzini koʻz-koʻz qilishni yaxshi koʻrardi. Ulardan hali uzoqda qaddi-qomatini rostlab egar ustida gʻoz oʻtirib olar va uning hayajoni otiga ham oʻtardi, Gulsari dumini sagʻrisi baravar koʻtarib olar, yoli shamolda hilpirab borardi. U ustidagi chavandozni yengilgina koʻtarib, pishqirib yoʻrgʻalardi. Oq va qizil durrali ayollar tizzalariga qadar yashil bugʻdoylarga koʻmilishib yoʻl chekkalariga chiqib turishardi. Ular goʻyo sehrlanganday toʻxtab qolishar, hammasi birdaniga qayrilib qarashardi, chehralar, porlab turgan koʻzlar, tabassumlar va oppoq tishlar lip-lip etib koʻrinardi.

– Hey, yilqichi! Toʻxta-a!

Izma-iz kulgi va qochiriqlar eshitilardi:

– Shoshmay tur, qoʻlga tusharsan, tutib olamiz!

Bir-birlarining qoʻllaridan ushlashib yoʻlni toʻsib uni tutib olishgan kunlar ham boʻlgan. Nimalar qilishmas edi deng! Xotinlar hazil-mazax qilishni yaxshi koʻrishadi-da. Tanaboyni egardan sudrab tushirishar, qoʻlidan qamchini tortib olishib qah-qahlab kulishar, qiyqirishar edi:

– Ochigʻini ayt, qachon qimiz keltirasan?

– Biz bu yerda ertalabdan kechgacha dalada ishlaymizu, sen boʻlsang saman otda sayr-tomosha qilib yurasan!

– Kim sizlarni ushlab turibdi? Yilqichilikka oʻting. Faqat erlaringga tayinlab qoʻyinglar, oʻzlariga boshqasini qidirishsin. Togʻda sumalakday muzlab qolasizlar.

– Ho, hali shunaqami! – yana uni tortqilay boshlashardi.

Tanaboy hech kimni saman yoʻrgʻaga minishga yoʻl qoʻymasdi. Hatto uchrashganida darhol kayfiyati oʻzgaradigan va otini sekin yuritishga sababchi boʻladigan oʻsha ayol ham biron marta uni minmagan. Ehtimol, u buni istamagan hamdir.

Oʻsha yili Tanaboyni kolxoz taftish komissiyasiga saylashgandi. U ovulga dam-badam kelib turar va deyarli har gal bu ayol bilan uchrashar edi. U idoradan koʻpincha achchiqlanib chiqardi. Gulsari uning koʻzlari, ovozi, qoʻllarining harakatiga qarab buni sezardi. Ammo bu ayol bilan uchrashganida u doim ochilib, hushfe’l boʻlib qolardi.

– Hay-hay, sekinroq, qayoqqa shoshasan! – shivirlardi u oʻynoqi otini tinchlantirib va ayol bilan tenglashib olgach sekin haydardi.

Ular nima haqdadir asta gaplashishar, ba’zan indamay borishardi. Gulsari xoʻjayinining yuragidagi alam qanday tarqalayotganligini, uning ovozi qanday muloyimlashib borayotganligini, qanday mehr-shafqatli boʻlib ketayotganligini qoʻlidan his qilardi. Shuning uchun ham u oʻzlari yoʻlda bu ayolni quvib yetishlarini yaxshi koʻrardi.

Kolxozda turmush ogʻirligini, mehnat kuniga deyarli hech narsa tushmayotganligini, taftish komissiyasining a’zosi Tanaboy Bakasov qanday qilib shunday ahvol yuz berayotganligini, davlatga ham bir narsa berish mumkin boʻladigan, odamlar ham bekorga ishlamaydigan kunlar qachon kelishini soʻrab surishtirib, idoradagilarning boshini qotirayotganligini ot qayoqdan bilsin.

Oʻtgan yili hosil bitmadi, yem-xashak qahatchiligi boʻldi, bu yil tumanning yuzi yerga qaramasin deb boshqalar uchun ham plandan tashqari don va mol topshirishdi, oxiri nima boʻladi, kolxozchilarning hollari nima kechadi – bunisi noma’lum edi. Vaqt oʻtib borardi, urushni esdan chiqara boshlashdi, lekin tomorqadan olganlari va dalalardan yashirincha tashib keltirganlari bilan hamon ilgarigiday kun kechirishardi. Kolxozda pul ham yoʻq edi: gʻalla, sut, goʻsht – hammasi zarariga topshirilardi. Yozda chorvachilik rivojlana boshlardi, qishda esa uning ahvoliga maymunlar yigʻlardi, mollar tanqislik va sovuqdan qirilardi. Zudlik bilan qoʻtonlar, molxonalar, yem-xashaklar uchun bazalar qurish kerak edi, qurilish materiallarini esa hech qayerdan topib boʻlmas va ularni topib berishga ham hech kim va’da bermas edi. Urush yillari turar joylar qay ahvolga keldi deysiz! Koʻproq bozorma-bozor yurib mol hamda kartoshka bilan savdo-sotiq qilib yurganlargina uy-joy qurishdi. Bundaylar kuch-qudratga kirib, qurilish materiallarini ham qayoqdandir chetdan topib kelishardi.

– Yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas oʻrtoqlar, bunda nimadir chatoq, qanaqadir katta ishkal bor, – deydi Tanaboy. – Shunday boʻlishi kerakligiga ishonmayman. Yo biz ishdan chiqib qoldik, yo sizlar notoʻgʻri rahbarlik qilyapsizlar.

– Nimasi joyida emas? Nimasi notoʻgʻri? – Hisobchi unga qogʻozlarni tutardi. – Mana, planlarni qara... Manavi olganlarimiz, manavi topshirganlarimiz, manavi debet, manavi kredit, manavi sal'do. Daromad yoʻq, faqat zarar-ziyon. Yana nima demoqchisan? Avval tushunib ol. Faqat sen komunistsanu biz xalq dushmanimiz-a, shunaqami?

Gapga boshqalar aralashar, bahs, shovqin-suron boshlanardi, Tanaboy boʻlsa boshini qoʻllari orasiga olib oʻtirardi va kuyib pishib nega bunday boʻlayotganini oʻylardi. U shu yerda ishlayotganligi uchungina kolxoz uchun kuyinmayotgandi, bunga boshqa alohida sabablar ham bor edi. Tanaboy bilan qadimdan xusumati boʻlgan kishilar bor edi. Ular endi undan sekin kulib yurganlarini, uni koʻrganlarida: xoʻsh, oʻzlarining ishlari qalay endi, degandek yuziga surbetlik bilan tik boqishlarini yaxshi bilardi. «Ehtimol, yana quloqlarni tugata boshlarsan? Faqat endi bizdan oladiganing yoʻq. Qoʻling kaltalik qiladi. U-uh, nega urushda joning uzila qolmadi-ya!»

Tanaboy ham ularga: «Shoshmay turinglar, ablahlar, baribir biz aytganday boʻladi!» deganday ma’nodor qarash bilan javob berardi. Holbuki, bu odamlar yot odamlar emas, oʻz odamlari edi. Uning oʻgay akasi Quliboy hozir qarib qolgan, urushga qadar yetti yilini Sibirda – qamoqda oʻtkazgan.

Oʻgʻillari ham otasiga tortdi, Tanaboyni oʻlguday yomon koʻrishadi. Nima uchun ham uni sevishsin? Ehtimol ularning bolalari ham Tanaboy urugʻidan nafratlanishsa kerak. Buning sababi bor. Bu ish allaqachonlar boʻlgan boʻlsa ham alami ketgani yoʻq. Quliboyni shunday qilish kerakmidi? Axir shunchaki uddaburon, ishbilarmon kishi, oʻrtahol dehqon emasmidi? Qarindosh-urugʻchilikka rioya qilmay boʻladimi. Quliboy katta xotindan, u esa kichik xotindan edi, lekin qirgʻizlarda bunday aka-ukalar bir qorindan tugʻilganday hisoblanadi. Demak, u qarindosh-urugʻchilikka ham daxl qildi, oʻsha vaqtda qancha gap-soʻzlar boʻlgan edi. Endi, albatta, turlicha mulohaza yuritish mumkin. Ammo oʻshanda-chi! Axir kolxozni deb u shu ishlarni qilmadimi? Lekin shunday qilish kerakmidi? Ilgarilari shubhalanmasdi, urushdan soʻng esa ba’zan boshqacharoq oʻylab qoladigan boʻldi. Oʻziga va kolxozga ortiqcha dushmanlarni orttirib olmadimikin? – Nega oʻtiribsan, Tanaboy, koʻzingni och, – gapga tortishardi uni. Yana oʻsha eski tashvish: qish ichida hamma goʻnglarni dalalarga olib chiqish, hovlima-hovli yurib yigʻish kerak. Gʻildiraklar yoʻq, demak, qayragʻoch, chambarshina uchun temir sotib olish kerak, lekin qaysi pulga sotib olinadi, qarz berisharmikin, nimaning evaziga? Bank quruq gapga ishonmaydi. Eski ariqlarni tuzatish, tozalash, yangilarini qazish kerak, ish koʻp, ogʻir. Qishda xalq bunday ishlarga chiqmaydi, yer muzlagan, qazib boʻlmaydi. Koʻklamda esa ulgurmaysan – ekish-tikish, qoʻzilatish, oʻtoq qilish, undan keyin esa pichan oʻrimi boshlanadi. Qoʻychilikni nima qilish kerak. Urchitish uchun binolar qani? Sut fermasida ham ahvol yaxshi emas. Tomi chirib ketgan, yem-xashak yetishmaydi, sut sogʻuvchilar ishlashni xohlashmaydi. Ertadan kechgacha urinib yurishadi, ammo nima haq olishadi? Boshqa yana qancha har xil tashvish va kamchiliklar bor. Vahima bosib ketardi ba’zan.

Shunday boʻlsa ham oʻzlarini qoʻlga olib, partiya majlisi, kolxoz boshqarmasida bu masalalarni yana muhokama qilishar edi. Choro rais edi. Faqat keyingina Tanaboy uning qadriga yetdi. Tanqid qilish oson ekan. Tanaboy bir uyur otlar uchun javob bersa, Choro kolxozdagi hamma odamlar va barcha ishlar uchun javobgar edi. Ha, Choro metin odam edi. Hamma ishlar barbod boʻlayotganday tuyulganida tumanda unga qarab stolni doʻqillatganlarida va kolxozda yoqalaridan tutganlarida Choroning ruhi tushmadi. Tanaboy uning oʻrnida boʻlganida yo aqldan ozardi, yo oʻzini oʻzi oʻldirardi. Choro boʻlsa xoʻjalikni saqlab qola oldi, oxirigacha, yuragi ishdan chiqquncha turib berdi, keyin ham yana ikki yilcha partiya tashkilotchisi boʻlib ishladi. Choro ishontira olar, odamlar bilan gaplasha bilar edi. Tanaboy uni tinglab hamma ish yaxshilanib ketishiga, turmush nihoyat odamlar dastlabki paytlar orzu qilganday boʻlishiga yana ishona boshlardi. Uning Choroga boʻlgan ishonchi bir martagina susaydi, lekin shunda ham uning oʻzi koʻproq aybdor edi...

Tanaboy idoradan qosh-qovogʻi osilib chiqqanida, egarga zarb bilan oʻtirib, jilovni siltab tortganida uning koʻnglida nimalar yuz berayotganini yoʻrgʻa bilmasdi. Lekin u xoʻjayinining ahvoli juda yomonligini sezardi. Garchand Tanaboy uni hech qachon urmagan boʻlsa ham, saman ot bunday paytlarda xoʻjayinidan choʻchib turardi. Yoʻlda oʻsha juvonni koʻrishi bilan xoʻjayini ancha yengil tortib, koʻngli yumshashini, uni toʻxtatib, ayol bilan bir nimalar haqida sekin gaplashib turishini, juvonning qoʻllari esa Gulsarining yollarini tarab, boʻynini silab-siypashini ot bilardi. Hech bir odamning qoʻllari bunchalik muloyim emasdi. Bu qoʻllar peshonasida yulduzi bor huv oʻsha jiyron baytalchaning lablari singari yoqimli va yumshoq edi. Olamda hech kimda bu juvonning koʻziday koʻz yoʻq edi. Tanaboy egardan egilib u bilan gaplashar, u boʻlsa goh jilmayar, goh xoʻmrayar, nimagadir rozi boʻlmay boshini tebratar, koʻzlari shoshqin daryoning tubidan oydinda koʻrinib turuvchi toshlar kabi yaltirardi. Ketayotib, u qayrilib qarar va yana boshini tebratardi.

Shundan keyin Tanaboy ot ustida oʻychan ketardi. U jilovni erkin qoʻyib yuborar, yoʻrgʻa ham oʻz erkiga koʻra tuyoqlarini taqillatib bamaylixotir yurib borardi. Goʻyo egarda xoʻjayini yoʻqday. Goʻyo ularning har biri oʻz-oʻzlaricha ketayotganday. Shunda qoʻshiq ham oʻzidan-oʻzi kela qolardi. Tanaboy saman ot tuyoqlarining bir maromdagi taq-tuqi ostida allaqachonlar oʻtib ketgan odamlarning azob-uqubatlari haqida soʻzlarni aniq talaffuz etmay sekin hirgoyi qilib kuylab borardi. Ot esa mashqini olgan yurish bilan uni daryo ortiga, yilqilar tomon olib ketardi...

Gulsari xoʻjayinining kayfi shunday chogʻ boʻlishini sevar, bu juvonni ham oʻzicha yaxshi koʻrar edi. U juvonni qaddi-qomatidan, qadam tashlashidan tanirdi, hatto undan tarqaluvchi notanish oʻtning qandaydir gʻalati hidini sezgirlik bilan payqab olardi. Bu – qalampir munchoq edi. U qalampir munchoqdan marjon taqib yurardi.

– Koʻryapsanmi, u seni naqadar yaxshi koʻradi, Bibijon, – derdi juvonga Tanaboy. – Qani, silab-siypachi, yana bir silab-siypa. Ho, quloqlarini solintirib yubordi-yu! Buzoqning xuddi oʻzginasi-ya. Yilqilarga esa uning dastidan kun yoʻq. Erkiga qoʻyib bersang bas. Aygʻirlar bilan xuddi itday tishlashadi. Shuning uchun ham uni minib yuribman, mayib qilib qoʻyishmasin, deb qoʻrqaman. Hali yosh.

– U-ku sevadi-ya, – xayolini band qilgan bir nima haqda oʻylab turib javob berdi juvon.

– Boshqalar sevmaydi, demoqchimisan?

– Men boshqa narsani gapiryapman. Bizning sevishadigan vaqtimiz oʻtib ketdi. Senga achinaman.

– Nega endi?

– Sen unaqa odam emassan, keyin qiyin boʻladi senga.

– Senga-chi?

– Menga nima? Men bevaman, soldat xotiniman. Sen boʻlsang...

– Men boʻlsam taftish komissiyasining a’zosiman. Mana, seni uchratib qoldimu, u-bu faktlarni surishtirib olyapman, – hazil qilishga urinib koʻrdi Tanaboy.

– Negadir sen faktlarni tez-tez surishtiradigan boʻlib qolding. Hushyor boʻl.

– Men nima qilibman? Men ham yoʻlimda ketayotgandim, sen ham...

– Men oʻz yoʻlim bilan ketayapman. Bizning yoʻlimiz bir emas. Xoʻsh, xayr. Vaqtim yoʻq.

– Quloq sol, Bibijon!

– Xoʻsh, nima? Kerakmas, Tanaboy. Nima keragi bor? Aqlli odamsan-ku, axir. Sensiz ham yuragim siqilib yuribdi.

– Nima, men senga dushmanmanmi? – Sen oʻzingga dushmansan.

– Bu nima deganing?

– Qanday xohlasang, shunday tushunaver.

U ketardi, Tanaboy boʻlsa goʻyo ish bilan qayoqqadir ketayotganday qishloq koʻchalari boʻylab yurardi, tegirmon yoki maktab tomon burilardi va loaqal uzoqdan boʻlsa ham qaynanasining uyidan uning chiqishini (ish paytida u qizini shu yerda qoldirardi), qizining qoʻlidan yetaklab ovul chekkasidagi uyiga qanday ketishini bir koʻrishga zor edi. Uning hamma narsasi juda aziz, qadrdon edi. Juvonning u tomonga qaramaslikka tirishib, qadam tashlab borishi ham, qora roʻmol ichidan oqarib koʻrinib turgan yuzi ham, qizchasi ham, yonida chopib borayotgan laychasi ham qadrdon edi unga.

Nihoyat u oʻz hovlisiga kirib, koʻzdan gʻoyib boʻlardi, Tanaboy boʻlsa uning qanday qilib boʻm-boʻsh uyi eshigini ochishini, toʻzib ketgan paxtalik choponini yechib, koʻylakchan suv keltirgani chopib ketishini, oʻchoqqa olov yoqib, qizini yuvintirishini, ovqatlantirishini, podadan sigirini kutib olishini va tunda qop qorongʻi, huvillab yotgan uyda yolgʻiz yotib, ular bir-birlarini sevishi mumkin emasligiga, uning oilasi borligiga, uning yoshida sevishi kulgili ekanligiga, har bir narsaning oʻz vaqt-soati borligiga, Tanaboyning xotini yaxshi ayol ekanligiga, u erining boshqa xotin dardida oh-voh qilib yurishiga loyiq ish qilmaganligiga oʻzini ham, uni ham ishontirishga urinayotganligini xayolan tasavvur qilib yoʻlida davom etardi.

Bunday fikrlardan Tanaboy oʻzini noqulay sezardi. «Demak, nasib boʻlmagan ekan-da», – oʻylardi u va daryo ortidagi surma rang olisliklarga boqib, dunyodagi hamma narsani – ishni ham, kolxozni ham, bolalarining kiyim-kechaklarini ham, doʻst va dushmanlarini ham, necha-necha yillardan beri gaplashishmay yurgan oʻgay akasi Quliboyni ham, xohlamasa ham tushiga kirib uni sovuq terga botirib yuboradigan urushni ham unutib, oʻzining butun borligʻini unutib, qadimgi ashulalarni kuylay boshlardi. Otining daryoni kechib, narigi qirgʻogʻiga oʻtib yana yoʻlini davom ettirayotganligini ham sezmasdi. Faqat saman yoʻrgʻa yilqilarga yaqinlashib qolganligini sezib, qadamini tezlashtirgandagina u oʻziga kelardi.

– T-r-r-r, Gulsari qayoqqa shoshilyapsan? – tizginni tortardi Tanaboy es-hushini yigʻib olib.


V

Har qalay oʻsha paytlarda Tanaboy ham, saman yoʻrgʻa ham davrini surib qoldi. Uchqur otning dovrugʻi futbolchining dovrugʻiga oʻxshash boʻladi. Koʻcha-koʻyda koptok tepib yurgan kechagi bola birdan hammaning arzandasi, bilimdonlarning ogʻziga tushadi, olomonning zavq-shavqiga sabab boʻladi. Darvozaga toʻp kiritib yurgan mahalda uning dovrugʻi oshib boradi. Soʻng u asta-sekin diqqat markazidan tusha borib, keyinchalik butunlay unutiladi. Hammadan ham ortiq zavqlangan kishilarning oʻzlari birinchi boʻlib uni eslaridan chiqarishadi. Buyuk futbolchining oʻrnini boshqasi egallaydi. Uchqur ot dovrugʻining qismati ham shunday. Musobaqalarda gʻolib chiqaverar ekan, uning shuhrati oshadi. Oralaridagi farq shundaki, otlar hasad qilishni bilmaydi, odamlar esa, Xudoga shukur, otlarga hasad qilishni hali oʻrganganlari yoʻq. Lekin gapning ochigʻi, hasad degan narsa aqlga sigʻmaydi. Shunday hodisalar boʻlganki, hasadgoʻylar odamga yomonlik qilish uchun ot tuyogʻiga mix qoqishgan. Oh, bu mash’um hasad! Ha, mayli, qurib ketsin...

Chol Toʻrgʻayning karomati toʻgʻri chiqdi. Oʻsha bahorda saman yoʻrgʻaning baxt yulduzi porladi. Keksa-yu yosh hamma uni tanirdi: «Gulsari!», «Tanaboyning yoʻrgʻasi», «Ovulning koʻrki» deb tilga olardi.

Hali «r» harfini ayta olmaydigan jajji bolalar saman yoʻrgʻaning yelishiga taqlid qilishib koʻchani changitishib chopisharkan: «Man Gulsaliman... Yoʻq, man Gulsaliman... Oyi, aytgin, man Gulsaliman-a... Chu-u, olgʻa, he-e-y-y, man Gulsali», deb qichqirishardi.

Shuhratning nimaligini va u qanday buyuk qudratga ega ekanligini saman ot oʻzining birinchi katta poygasida bilgan edi. Bu 1 mayda boʻlgandi.

Daryo yoqasidagi katta oʻtloqda oʻtkazilgan mitingdan soʻng sayl boshlandi. Har yoqdan son-sanoqsiz xaloyiq yigʻildi. Odamlar qoʻshni sovxozdan, togʻlardan, hatto Qozogʻistondan ham kelishgan edi. Qozoqlar oʻz otlarini qoʻyishdi. Aytishlaricha, urushdan keyin hali bunaqa katta bayram boʻlmagan ekan.

Ertalabdanoq, Tanaboy egarlayotgan, ayil va uzangilarni diqqat bilan tekshirayotgan paytdayoq, saman ot egasining koʻzlari yonishidan va qoʻllarining qaltirashidan favqulodda bir narsa boʻlishini sezgan edi. Xoʻjayini juda hayajonlanardi.

– Hushyor boʻl, Gulsari, uyaltirib qoʻyma, – shivirladi u otning yoli va peshonasini tarab. – Sen oʻzingni sharmanda qilishing kerakmas, eshityapsanmi! Bunga haqqimiz yoʻq bizning, eshityapsanmi!

Odamlarning ovozlari va yugurib-elishidan ham favqulodda bir nima kutilayotganligi sezilardi. Qoʻshni yaylovlarda yilqichilar otlarini egarlashardi. Bolalar allaqachon otlarga minib olishgandi, ular qiyqirib atrofda chopib yurishardi. Keyin yilqichilar toʻplanishdi-da, hammasi birgalikda daryo tomon yoʻl olishdi.

Gulsari oʻtloqda bunchalik koʻp ot va odam yigʻilganidan gangib qolgandi. Daryo, suv boʻyidagi tepaliklar ustida shovqin-suron hukmron edi. Rang-barang roʻmol va koʻylaklardan, qip qizil bayroqlar va ayollarning oppoq lachaklaridan koʻzlar qamashardi. Otlarga eng yaxshi abzallar taqilgan. Uzangilar jaranglar, suvliqlar va otlarning koʻkraklariga osib qoʻyilgan kumush oʻmildiriqlar shaqirlardi.

Chavandozlar ostidagi otlar qatorda toqatsizlanib depsinishar, jilovni yulqib, tuyoqlari bilan yer tepishardi. Oʻrtada chollar – saylni boshqaruvchilar otlarini gijinglatib yurishardi.

Gulsari gʻayrat va shijoati tobora oshib, kuchga toʻlib-toshib borayotganligini his qilardi. Ichiga goʻyo qanaqadir otashin ruh kirib olganday, bundan qutulish uchun tezroq davraga otilib kirish, soʻng oʻqday uchib ketish kerak edi.

Boshqaruvchilar davraga kirishga ishora qilishgach, Tanaboy tizginni boʻshatdi, ot uni oʻrtaga olib kirdi va hali qayoqqa qarab chopishni bilmay aylana boshladi. Qator oralari guvillab «Gulsari!» «Gulsari!» degan soʻzlar eshitildi.

Katta poygada qatnashishni istaganlarning hammasi davraga kirdi. Ellikka yaqin chavandoz yigʻildi.

– Xalqdan fotiha oling! – dedi saylning bosh boshqaruvchisi tantanali suratda.

Peshonalarini qattiq tangʻib olgan taqir boshli chavandozlar kaftlarini ochganlaricha qoʻllarini baland koʻtarishib qator boʻylab yurishdi va «O-mi-in!» degan ovoz u chekkasidan bu chekkasigacha gurillib tarqaldi, yuzlab qoʻllar peshonalarga koʻtarilib, kaftlar oqib tushayotgan suv oqimi singari yuzlaridan sirgʻalib tushdi.

Shundan soʻng chavandozlar bu yerdan toʻqqiz chaqirim naridagi poyga boshlanadigan joyga otlarini yoʻrttirib ketishdi.

Bu orada davrada otsiz va otliqlarning kurashi, egardan tortib tushirish, chopib oʻtayotib yerdan tangani olish va boshqa musobaqa oʻyinlari boshlandi. Bularning hammasi faqat katta oʻyinning boshlanishi edi, xolos. Eng muhimi u yoqda, chavandozlar chopib borayotgan tomonda boshlanardi.

Gulsari yoʻlda qizishardi. U xoʻjayinining nega jilovini qoʻyib yubormasligini tushunmasdi. Atrofda boshqa otlar ham gijinglashar va yulqinishar edi. Ularning koʻpligi va hammasi chopishni xohlayotganligidan saman yoʻrgʻa asabiylashar va toqatsizlanib qaltirardi.

Nihoyat, hamma startga – poyga boshlanadigan joyda bir qator boʻlib tizildi, poyga boshi safdagilarning oldidan u chekkadan bu chekkaga qadar chopib oʻtdi-da, oq roʻmolchani koʻtardi. Hamma sergaklanib qotib qoldi. Roʻmolcha silkindi. Otlar irgʻib joylaridan qoʻzgʻalishdi, gʻayrati toshgan Gulsari ham hamma bilan birga oldinga tashlandi. Son-sanoqsiz tuyoqlar ostida yer gumburlab ketdi, chang-toʻzon koʻtarildi. Chavandozlarning «ha, chuh, ha, chuh!»lari va qiyqiriqlari ostida otlar oʻqday uchib borardilar. Sakrab chopishni bilmagan Gulsarigina yelib borardi. Uning ojizligi ham, qudrati ham shunda edi.

Dastlab hammasi gʻuj boʻlib, bir necha daqiqadan keyin oldinma-ketin chopib ketishdi, Gulsari buni koʻrmasdi. Yoʻrgʻa faqat chaqqon-chopqir otlargina uni orqada qoldirib, oldinda chopib ketayotganligini koʻrardi. Tuyoqlar ostidan uchib chiqqan issiq shagʻal va kesak parchalari tumshugʻiga urilar, atrofda esa otlar chopishar, chavandozlar qichqirishar, qamchilar qarsillar, chang-toʻzon koʻtarilar edi. Chang-toʻzon bulutga aylanib, yer uzra uchib yurardi. Ter, chaqmoq tosh va bosilib ezilgan yavshonning kuchli hidi kelardi.

Deyarli yoʻlning yarmiga qadar shu ahvol davom etdi. Oldinda oʻntacha ot yoʻrgʻa saman yeta olmaydigan tezlik bilan uchib borardi. Atrofda shovqin pasaya boshladi, orqadagilarning suroni sekin eshitilar, lekin oldinda boshqalarning ketayotganligi, tizginlarini qoʻyib yubormaganliklari uning gʻazabini qoʻzgʻatar edi. Koʻz oldi gʻazab va shamoldan qorongʻilashib, yoʻl shiddat bilan oyoqlari ostiga orqaga chopib ketar, quyosh osmondan olovli koptokday dumalab, u tomon kelar edi. Uning butun tanasini issiq ter qoplar, saman yoʻrgʻa qanchalik koʻp terlasa, shunchalik yengil tortib borardi.

Chopqir otlar charchab, chopishlari borgan sari sekinlasha boshladi, saman yoʻrgʻa esa endigina kuchga kirayotgandi. «Chuh, Gulsari, chuh!» – egasining ovozini eshitardi u. Shundan soʻng quyosh u tomonga yana ham tezroq yumalab kela boshladi. Quvib yetilgan va ortda qoldirilgan chavandozlarning gʻazabdan burushgan yuzlari, osmonga koʻtarilgan qamchilar, otlarning irjaygan ogʻizlari, xirillab nafas olgan tumshuqlari birin-ketin koʻzga chalina boshladi. Birdan suvliq va tizginlarning xukmronligi yoʻqoldi. Gulsari egarning ham, chavandozning ham borligini sezmay qoldi, u chopish ishtiyoqi bilan yonar edi.

Har qalay oldinda qoʻngʻir va malla rang ikki chopqir ot yonma-yon borardi. Ikkalasi ham bir-birlariga boʻsh kelishmay, chavandozlarning qichqiriqlari va qamchilari zarbi ostida uchishar edi. Bular kuchli poygachi otlar edi. Gulsari otlarni anchadan keyin quvib yetdi va nihoyat ularni yoʻldagi balandlikka koʻtarilishda orqada qoldirdi. U goʻyo katta bir toʻlqinning qirrasiga chiqib olganday tepalikning ustiga sakrab chiqdi va bir necha daqiqa vaznsiz holatda havoda osilib qolganday boʻldi. Nafasi qaytib ketdi, koʻzlariga quyosh yana ham yorqindan yolqin sochdi, u yoʻl boʻylab pastga tomon oʻqday tez uchib tusha boshladi, lekin koʻp oʻtmay orqasidan quvib yetayotgan tuyoqlarning taqir-tuqurini eshitdi. Oʻsha qoʻngʻir va malla rang ikki ot alamini olishmoqchi edi. Ular ikki tomondan deyarli yonma-yon kelishib, endi bir qadam ham ortda qolishmayotgandi.

Ular uchalasi kallalarini kallalariga tegizib, birga chopishardi. Gulsariga ular endi sira ham chopmay, qandaydir gʻalati – harakatsiz va unsiz qotib qolganday tuyulardi. Hatto yonlaridagilarning koʻzidagi ifodasini, ularning taranglashgan tumshuqlarini, tishlangan suvliqlarini, yugan va tizginlarini koʻrish mumkin edi. Qoʻngʻir rang ot gʻazab va qaysarlik bilan qarardi, malla rang esa hayajonlanar, ishonchsizlik bilan u yoqdan bu yoqqa alanglardi. Xuddi ana shunisi birinchi boʻlib ortda qola boshladi. Eng avval uning gunohkorday jovdiragan koʻzlari gʻoyib boʻldi, soʻng kengayib ketgan tumshugʻidagi burun teshiklari orqada qoldi, shundan keyin u boshqa koʻrinmadi. Qoʻngʻir ot esa juda qiyinlik bilan sekin-asta orqada qola boshladi. U chopib turib sekin taslim boʻlayotgandi, ojizlikdan, qahr-gʻazabdan uning koʻz qarashlari asta-sekin xiralashib borardi. U magʻlubiyatni tan olgisi kelmay shu koʻyda ortda qolib ketdi.

Raqiblar ortda qolganida nafas olishi ham osonlashganday boʻldi. Oldinda esa daryoning muyulishi kumushdek yaltirab, yashil oʻtloq koʻrinmoqda va olisdan odamlarning qiyqiriq, hayqiriqlari eshitilmoqda edi. Eng uchiga chiqqan ishqibozlar yoʻlda kutib turishgan ekan. Ular «ha, chop, ha, chop! Boʻsh kelma!» deb gij-gijlashib, hayqirishib otlarini choptirib borishardi. Shunda saman yoʻrgʻa birdan charchaganligini sezib qoldi. Masofa oʻz ta’sirini koʻrsata boshladi. Orqada nima boʻlayotganligini, uni quvib yetishyaptimi, yoʻqmi, buni Gulsari bilmasdi. Chopish haddan ortiq ogʻirlashib, ot holsizlanib bormoqda edi.

Lekin huv oldinda koʻp sonli olomon guvillar va toʻlgʻanar, otliq va piyoda kishilar peshvo chiqib, ikki yoqdan oqib kelar, qichqiriqlar borgan sari kuchayardi. Birdan u: «Gulsari! Gulsari! Gulsari» degan ovozlarni aniq eshitdi. Bu hayqiriqlar, nidolar, xitoblar bilan toʻlgan havodan nafas olayotgan saman ot yangi kuch bilan olgʻa intildi... Eh, odamlar, odamlar! Ular nimalarning uddasidan chiqmaydi deysiz!

Gulsari shodlik suronlari va qiyqiriqlar bilan kutib olayotganlarning oralaridan oʻtib, qadamini sekinlatdi-da, oʻtloqni aylanib chiqdi.

Ammo bu bilan ish tamom boʻlmadi. Endi oʻzining ham, xoʻjayinining ham ixtiyori qoʻlidan ketdi. Saman yoʻrgʻa bir oz nafasini rostlab, tinchib olganida xaloyiq davrani katta ochib, gʻoliblarni qutladi: «Gulsari, Gulsari, Gulsari!» degan ovozlar koʻkka oʻrladi. U bilan birga esa «Tanaboy! Tanaboy! Tanaboy!» degan hayqiriqlar ham yangrardi.

Odamlar saman yoʻrgʻaga yana qandaydir moʻ’jizali kuch bilan ta’sir qilishdi. Magʻrur yuguruk ot boshini baland koʻtarganicha, koʻzlarini chaqnatib sahnaga chiqdi. Gulsari shuhrat havosidan mast boʻlib yana chopishga intilib raqs tusha boshladi. Va bir yonlab qadam tashladi. U oʻzining chiroyli, qudratli va dongʻi chiqqanini bilardi.

Gʻolib Tanaboy qoʻllarini ochib xaloyiq oldidan oʻtdi, yana bir ogʻizdan chiqqan «O-min!» soʻzi yangradi, tagʻin yuzlarcha qoʻllar peshonalarga koʻtarilib, oqar suvlarning irmoqlari singari yuzlar ustidan sirgʻalib tushdi.

Shunda saman yoʻrgʻa koʻp odamlar orasida birdan tanish ayolni koʻrib qoldi. Garchand u bu gal qora roʻmol emas, oq roʻmol oʻragan boʻlsa ham, fotiha uchun qoʻlini yuziga olib borganida ot uni darrov tanidi. U olomonning birinchi qatorida baxtiyor va shod-xurram boʻlib turar, tezoqar tip-tiniq soylar tubidagi toshlarga oʻxshab porlab turuvchi koʻzlarini ulardan uzmas edi. Uning oldida bir oz turish, xoʻjayini u bilan gaplashib olishi uchun, peshonasida yulduzcha boʻlgan oʻsha jiyron biyaning lablariga oʻxshash silliq va mehribon qoʻllari bilan yollarini tarashi, boʻynini silab-siypashi uchun Gulsari odatdagiday ayol tomon intildi. Lekin Tanaboy nima uchundir jilovni boshqa tomonga tortar, saman ot boʻlsa xoʻjayinini tushunmay, turgan joyida gir aylanib, tinmay ayol tomon intilardi. Nahotki xoʻjayini – oʻzi albatta gaplashib olishi lozim boʻlgan juvonni koʻrmayotgan boʻlsa?..

Ikkinchi kun, ya’ni 2 may ham Gulsarining kuni boʻldi. Bu gal tush paytida choʻl bagʻrida uloq oʻtkazildi. Choʻl yana qiy-chuv, qiyqiriqlarga toʻldi, yer yana nogʻoraday taraqladi. Son-sanoqsiz otliq ishqibozlar qiy-chuv koʻtarishib uloqchilar atrofida girdikapalak boʻlib chopib yurishardi. Yana Gulsari kunning qahramoni boʻldi. Lekin Tanaboy uni oxirgi oʻyin – kim epchil va tezkor boʻlsa, uloqni oʻsha oʻz ovuliga olib ketishiga ruxsat beriladigan erkin olomon-poygaga saqlab turardi. Olomon-poygani hamma kutardi, chunki u musobaqaning choʻqqisi edi, buning ustiga istagan chavandoz unda qatnasha olardi. Har kim ham oʻz baxtini sinab koʻrishni xohlardi.

May quyoshi esa bu orada uzoqda – qozoq yerlarida sekin choʻkmoqda edi. Barkashday oftob xuddi tuxum sarigʻiga oʻxshardi. Qarasang koʻzing qamashmasdi.

Qirgʻizlar va qozoqlar to kechgacha ot choptirib, egarlaridan engashib, uloqqa chang solishar, uni bir-birlaridan yulqib olishib, goh suron koʻtarishar, goh gʻuj boʻlib olishar, goh qiyqirishib yana tarqalib ketishardi.

Choʻldagi soyalar uzayganida qariyalar nihoyat olomon-poygani boshlashga ruxsat berishdi. Uloq oʻrtaga tashlandi: «Olomon!»

Hamma birdan tashlanib, echkini yerdan koʻtarib olishga urindi. Lekin ur-yiqit toʻpolonda uni olish oson emasdi. Otlar telbalanib gir aylanishar, tishlarini gʻijirlatib bir-birlarini tishlashar edi. Gulsari bu ur-yiqitda qiynalar, keng maydonga chiqqisi kelar, ammo Tanaboy uloqni hech qoʻlga tushira olmas edi. Birdan: «Ushla-a, qozoqlar olishdi-i!» degan kuchli ovoz yangradi. Otlar girdobidan gimnastyorkasi dabdala boʻlgan yosh qozoq quturib ketgan qora toʻriq otda otilib chiqdi. U taqimiga uloqni qistirib, otni choptirganicha ketdi.

– Ushla-a! Anavi qora toʻriq! – hamma qichqirdi, quvishga tashlanib. – Tezroq, Tanaboy, faqat sen quvib yeta olasan!

Qora toʻriq otdagi qozoq uzangining ostida selkillab osilib borayotgan uloq bilan toʻppa-toʻgʻri quyosh qizarib botayotgan tomonga ketib borardi. Goʻyo yana bir oz chopsa u ana shu alangalanayotgan quyoshga uchib kirib, oʻsha yerda qizil tutun boʻlib erib ketadiganday tuyulardi.

Gulsari Tanaboy nega jilovini tortib borayotganini tushunmasdi. Lekin uning egasi qozoq yigit ta’qib qilib borayotgan sonsiz-sanoqsiz chavandozlardan ajralib olishini, unga yordamga oshiqayotgan bir toʻda urugʻdoshlaridan uzoqroq ketishini kutish kerakligini bilardi. Ular toʻriq otni chopqir otlar bilan oʻrab olishsa bormi, qoʻldan boy berilgan oʻljani hech qanday kuch bilan olib boʻlmasdi.

Faqat yakkama-yakka kurashdagina biron muvaffaqiyatga umid bogʻlash mumkin edi.

Payt poylab, Tanaboy saman yoʻrgʻaning boshini qoʻyib yubordi. Gulsari quyosh nuri ostida oʻzi tomon yugurib kelayotgan yer ustiga uchib borardi, dukir-dukir ovozlar ortda qolib uzoqlasha boshladi, qora toʻriqqacha boʻlgan masofa esa qisqaraverdi. Qora toʻriq ogʻir yuk bilan chopib borardi, uni quvib yetish uncha qiyin emasdi. Tanaboy saman otni qora toʻriqning oʻng tomoniga olib oʻtdi. Otning oʻng biqinida chavandoz taqimiga qistirib olgan uloq osilib borardi. Mana, tenglasha boshlashdi. Tanaboy echkining oyogʻidan ushlab, tortib olish uchun egardan engashdi. Lekin qozoq oʻljani chaqqonlik bilan oʻng tomonidan chap tomoniga oshirib oʻtkazib oldi. Otlar esa hamon toʻppa-toʻgʻri quyosh tomon yelib borishardi. Endi Tanaboy bir oz ortda qolishi va chap berib yana quvib yetishi kerak edi. Saman yoʻrgʻani qora toʻriqdan ayirish qiyin edi, lekin shunday boʻlsa-da, bunga erishish mumkin boʻldi. Dabdalasi chiqqan gimnastyorkali qozoq uloqni yana boshqa tomonga oʻtkazishga ulgurdi.

– Qoyil! – zavq bilan qichqirib yubordi Tanaboy.

Otlar esa hamon quyosh tomon yelib borardi.

Vaqtni boy berish kerak emasdi. Tanaboy saman otni qora toʻriq aygʻirga yondashtirib, qoʻshnisining egari qoshi ustiga engashdi. Qozoq yigit qutulishga urindi, lekin Tanaboy qoʻyib yubormadi. Yoʻrgʻa otning chaqqonligi va xipchaligi unga qora toʻriq aygʻirning boʻyniga deyarli yotib olishga imkon berdi. Shu tarzda u uloqqa qoʻl choʻzib uni oʻzi tomon torta boshladi. Unga oʻng tomondan harakat qilish oson edi, buning ustiga ikkala qoʻli boʻsh edi. Mana, u echkining deyarli yarmisini oʻziga tortib oldi.

– Oʻzingga ehtiyot boʻl, qozoq birodar! – qichqirdi Tanaboy.

– Bekor aytibsan, bermayman! – javob qildi u.

Shiddat bilan chopib borayotib, ular ot ustida kurash boshlashdi. Bitta oʻljaga tashlangan burgutlarday uloqqa mahkam yopishib olishib, bir-birlariga oʻshqirishar, xirillashar va bir-birlarini qoʻrqitish uchun yirtqichlarday irillashar edi, qoʻllari bir-birlarinikiga chirmashib ketgan, tirnoqlari ostidan qon sizib oqardi. Chavandozlari yakkama-yakka kurashayotganda tiqilishib, yonma-yon kyotayotgan otlar esa qirmizi quyoshni quvib yetish uchun shoshilar, koʻzlari qonga toʻlgandi.

Shunday mardona oʻyinlarni bizga qoldirgan ajdodlarimizga ofarin!

Uloq endi ularning ikkalasining oʻrtasida edi, uloq chopib borayotgan otlar oʻrtasida osilib borardi. Ular indamay, tishlarini tishlariga qoʻyib, bor kuchlarini ishga solib uloqni tortishar, bir-biridan qutulish va chetroqqa chiqib olish uchun ikkalasi ham echkini taqimga bosishga urinardi. Qozoq baquvvat edi. Qoʻllari katta, serpay, buning ustiga Tanaboydan ancha yosh edi. Lekin tajriba – zoʻr narsa. Tanaboy oʻng oyogʻini toʻsatdan uzangidan boʻshatib oldi-da, uni qora toʻriq aygʻirning biqiniga tirab oldi. Uloqni oʻziga tortib, ayni paytda oyogʻi bilan raqibining otini itarayotgandi. Qozoqning panjasi asta-sekin ochila boshladi.

– Oʻzingni tut! – uni ogohlantirishga ulgurdi yengilgan qozoq.

Kuchli siltovdan Tanaboyning egardan uchib tushishiga sal qoldi. Lekin oʻzini tutib oldi. Shodligidan qiyqirib yubordi. Saman otni birdan keskin burdi-da, halol kurashda qoʻlga kiritilgan oʻljani taqimga bosib qocha boshladi. Unga tomon esa bir gala chavandozlar baqirib-chaqirib chopib kelayotgandi:

– Gulsari! Gulsari oldi!

Qozoqlar toʻdalanishib, uning yoʻlini toʻsishga tashlanishdi,

– Oʻy-bay, ushla, Tanaboyni tut!

Endi eng muhimi – ushlab olishlaridan qutulish va ovuldoshlarining qurshoviga tezroq oʻtish edi.

Tanaboy tutib olmoqchi boʻlgan kishilardan oʻzini chetga tortib saman otni yana birdan keskin buradi. «Balli, Gulsari, rahmat senga, aqlli samanim!» – deb minnatdor boʻlardi u yoʻrgʻadan. Yoʻrgʻa oʻz egasi tanasining salgina egilishini ham payqab, goh u, goh bu tomonga burilib, quvib boruvchi raqiblaridan epchillik bilan qutulardi.

Yoʻrgʻa ot deyarli yer bagʻirlab, goh u yoqqa, goh bu yoqqa burilib qiyin ahvoldan qutulib, oʻqday chopib ketdi. Bu orada Tanaboyning ovuldoshlari ham yetib kelishdi, ikki tarafdan, orqadan uni oʻrab olishdi va hammasi birgalashib zich toʻda boʻlib qochib qolishdi. Lekin quvayotganlar yana oldilaridan chiqib qolishdi. Tagʻin burilib qochishga toʻgʻri keldi. Goh u, goh bu qanotga tashlanib uchuvchi tez uchar qushlar galasi singari, keng choʻl boʻylab qochuvchilar va ularni quvuvchi chavandozlar galasi uchib borardi. Havoni chang-toʻzon qoplagandi. Ovozlar jaranglar, kimdir oti bilan birga yiqilar, kimdir oʻmbaloq oshib tushar, kimdir oqsoqlanib oʻz otini quvardi, lekin hammani musobaqaning zavq-shavqi qamrab olgan edi. Oʻyinda hech kim javobgar emas. Tavakkalchining va dovyuraklikning onasi bitta...

* * *

Botib borayotgan quyoshning bir chekkasigina koʻrinib turardi, qosh qorayib qolgan. Yerni larzaga keltirayotgan olomon-poyga esa moviy oqshomning salqinida hamon davom etardi. Endi hech kim qichqirmas, hech kim hech kimni ta’qib etmas, lekin hamma qizgʻin harakatdan mast boʻlib chopishda davom etardi. Choʻzilib borayotgan chavandozlar oqimi toʻlqin kabi chopish ritmi va kuyiga berilib tepalikdan tepalikka koʻchib yurardi.

Chavandozlarning yuzlaridagi jiddiylik va ularning kamgapligi shundanmikin, qozoqlar doʻmbirasi va qirgʻizlar qoʻbizining jarangdor ovozini shular tugʻdirmadimikin!..

Daryoga yaqinlashib qolishgandi. U oldindagi quyuq changalzorlar ortida xira yiltillardi. Yana ozroq qolgandi. Daryoning narigi betida oʻyin tugaydi, u yogʻi esa ovul. Tanaboy va uni qurshab olganlar bir toʻda boʻlib chopishardi. Gulsarini goʻyo bosh kemaday oʻrtada qoʻriqlab borishardi.

Lekin u charchagan, juda charchagan edi – kun haddan ortiq ogʻir boʻldi. Saman yoʻrgʻa holdan toydi. Ikki yonboshida chopib borayotgan yigit uning suvligʻidan tortishib otni yiqilgani qoʻyishmasdi. Qolganlari Tanaboyni orqadan va yon tarafdan qoʻriqlab chopishardi. U boʻlsa egarning oldiga tashlangan uloq ustiga koʻkragini bosib yotardi. Tanaboyning boshi chayqalar, oʻzi boʻlsa egar ustida zoʻrgʻa oʻtirardi. Yonida qoʻltiqlab borayotgan chavandozlar boʻlmaganida edi, oʻzining ham, yoʻrgʻaning ham qoʻzgʻalishga holi kelmagan boʻlardi. Ilgarilari, ehtimol, oʻljani olib shunday qochishgandir, balki, yarador botirni asirlikdan shunday qutqarishgandir...

Mana daryo, mana oʻtloq, shagʻal toshli keng kechuv. Qorongʻi tushsa ham hozircha u koʻrinib turardi.

Chavandozlar chopishdan toʻxtamay suvga otilib kirishdi. Taqalarning quloqlarni kar qilguday taqir-tuquri ostida suvni sachratib, yoʻrgʻa otni narigi qirgʻoqqa olib chiqishdi. Olomon-poyga tamom boʻlgan edi! Gʻalaba!

Kimdir Tanaboyning egaridan uloqni olib, ovulga chopib ketdi.

Qozoqlar daryoning narigi betida qolishdi.

– Biz bilan uloq chopishganingiz uchun rahmat sizlarga! – qichqirishdi ularga qirgʻizlar.

– Sogʻ boʻlinglar! Kuzda yana uchrashamiz! – javob berishdi qozoqlar va otlarini orqaga burishdi.

* * *

Qorongʻilik tushgan, Tanaboy mehmondorchilikda oʻtirardi, saman yoʻrgʻa esa boshqa otlar bilan birga hovlida bogʻlogʻliq turardi. Minishga oʻrgatilgan birinchi kunni hisobga olmaganda, Gulsari hech qachon bunchalik charchamagandi. Lekin oʻsha paytda u hozirgiga nisbatan nozikkina nihol edi. Uyda u haqda soʻz borardi:

– Tanaboy, Gulsari uchun qadah koʻtaraylik: agar u boʻlmasa, bugun biz gʻalabaga erisha olmasdik.

– Ha, qora toʻriq aygʻir arslonday baquvvat. Anavi yigit ham kuchli. Uning istiqboli porloq.

– Rost gap! Gulsarining oʻzini tutqizmaslik uchun yer bagʻirlab chopishi hali ham koʻz oʻngimda. Hayajonimdan nafasim qaytib ketay dedi qarab turib.

– Nimasini aytasan. Ilgari zamonlarda botirlar bunday otda jangga kirishardi. Ot emas bu duldul!

– Tanaboy, qachon uni biyalarga qoʻymoqchisan?

– E-e, u hozir ham biyalarni quvlab yuribdi, lekin hali erta deb oʻylayman. Kelgusi bahorda esa ayni vaqti boʻladi. Et olishi uchun kuzdan oʻz holiga qoʻyib beraman...

Kayfi oshib qolgan odamlar olomon-poyganing tafsilotlari va saman yoʻrgʻaning xislatlari toʻgʻrisida gapirishib uzoq oʻtirib qolishdi. Gulsari boʻlsa teri qotib, suvliqni chaynab hovlida turardi. U tongga qadar och holda qantariqliq turishi kerak edi. Lekin uni qiynayotgan ochlik emasdi. Yelkalari zirqirab ogʻrir, oyoqlari ham goʻyo oʻziniki emasday, tuyoqlari qizishib yonardi, kallasi esa hamon olomon-poyganing shovqin-suronidan garang. Qiyqiriqlar, baqiriqlar hali ham uning qulogʻidan ketmasdi, vaqti-vaqti bilan u choʻchib tushar va pishqirib quloqlarini chimirardi. Maysa-oʻt ustida agʻanab yotgisi, bir silkinib olgach, yaylovda otlar orasida oʻtlab yurgisi kelardi. Lekin xoʻjayini uzoq oʻtirib qoldi.

Koʻp oʻtmay xoʻjayini qorongʻilikda sal-pal gandiraklab chiqib keldi. Undan qandaydir kuchli, oʻtkir hid anqirdi. U ahyon-ahyondagina bunaqa holatga tushardi. Oradan bir yil oʻtgach, saman yoʻrgʻa doim mana shunaqa hidi anqib turadigan odam qoʻliga tushib qoladi. Shunda u oʻsha odamdan ham, manavi iflos hiddan ham nafratlanadi.

Tanaboy saman otning yoniga keldi, yagʻrinini silab-siypadi, terlikning ostiga qoʻlini suqib koʻrdi:

– Bir oz sovuding shekilli? Charchadingmi? Men ham oʻlguday charchadim. Lekin bunaqa oʻqrayib qarama menga, axir ichsam sening sogʻligʻingga ichdim-da, bayram. Shunda ham qittak ichdim. Men oʻz oʻlchovimni bilaman, sen buni hisobga ol. Urushda ham me’yorini bilganman. Qoʻy, Gulsari, bunaqa oʻqrayib qarama. Hozir yaylovga ketamiz, dam olamiz...

Xoʻjayin ayillarni qisib tortdi, uydan chiqqan odamlar bilan bir oz gaplashib turdi, hammalari otlarga minishib, tarqalib ketishdi.

Tanaboy ovulning uyquga ketgan koʻchalari boʻylab borardi. Atrof jimjit, Derazalar qop-qorongʻi. Dalada eshitilar-eshitilmas traktor tarillardi. Togʻlar ustida oy turar, bogʻlarda gullagan olmalar oqarib koʻrinardi, qayerdadir bulbul sayrardi. Nima uchundir butun ovulda birgina bulbul bor. U oʻzi sayrab, oʻzi tinglar, keyin jimib qolar, soʻng yana chahchahlay boshlardi. Tanaboy saman yoʻrgʻani toʻxtatib turdi. – Biram chiroyli, – dedi u ovoz chiqarib. – Munchayam jimjit-a! Faqat bulbulgina sayramoqda. Tushunyapsanmi, Gulsari, a? Qayoqdan tushunarding. Sen yilqilarning oldiga borishing kerak, men boʻlsam...

Ular temirchilik ustaxonasidan oʻtib ketishdi, bu yerda eng chekkadagi koʻcha bilan yurib daryoga chiqishlari, undan keyin esa yilqilar podasiga borishlari kerak edi. Lekin xoʻjayini nima uchundir ot boshini boshqa tomonga, oʻrtadagi koʻchaga burdi, uning oxirida, oʻsha juvon yashaydigan hovli yonida toʻxtadi. Koʻpincha qizcha bilan birga chopib yuradigan laycha yugurib chiqdi, bir oz vovilladi-da, dumini likillatib tinchib qoldi. Xoʻjayini egar ustida jim oʻtirar, nimanidir oʻylardi, soʻng bir xoʻrsindi-da, jilovni istar-istamas siltadi.

Yoʻrgʻa ilgarilab ketdi. Tanaboy daryo tomon pastga burdi va yoʻlga chiqib olganidan soʻng otini haydadi. Gulsarining oʻzi ham yaylovga tezroq yetib olgisi kelardi. Ular oʻtloq bilan ketishdi. Mana, daryoga ham yetishdi, qirgʻoqda taqalari toshga urilib taraqlay boshladi. Suv muzday, shovillar edi. Suvning qoq oʻrtasiga kelganlarida xoʻjayin jilovini qattiq tortib, otni keskin orqaga burdi. Gulsari xoʻjayinini adashgandir, deb oʻylab boshini chayqadi. Ular orqalariga qaytishlari kerak emasdi. Ha-deb yuraveradimi? Lekin xoʻjayini uning biqiniga qamchi bilan tushirdi. Gulsari urishlarini yoqtirmasdi. U suvligʻini asabiy chaynab xoʻjayiniga istar-istamas boʻysundi va orqasiga burildi. Yana oʻtloq orqali, oʻsha yoʻl bilan, oʻsha hovli tomon joʻnashdi.

Uy oldiga kelganlarida xoʻjayini egar ustida yana qimirlay boshladi. Suvliqni goh u yoqqa-goh bu yoqqa tortar, uning nima qilmoqchiligini tushunib boʻlmasdi. Darvoza oldida toʻxtashdi. Sirasini aygganda, darvozaning oʻzi yoʻq edi. Undan faqat qiyshaygan ustunlarigina qolgandi. Yana laycha chopib chiqdi. Bir oz vovilladi-da, dumini likillatib tinchib qoldi. Hovli tip-tinch va qop-qorongʻi edi. Tanaboy egardan tushib, yoʻrgʻani jilovidan ushlaganicha yetaklab hovliga kirdi, derazaga yaqinlashib borib oynani taqillatdi.

– Kim u? – ovoz chiqdi ichkaridan.

– Men, Bibijon, och, eshityapsanmi, menman!..

Uyda chiroq yondi va derazalar xira yorishdi.

– Senga nima boʻldi? Bemahalda qayoqdan kelyapsan? – eshik oldida Bibijon paydo boʻldi. U yoqasi ochiq oq koʻylakda, qop-qora sochlari yelkasiga tushgan edi. Undan badanning iliq hidi va notanish oʻtning gʻalati isi kelardi.

– Kechir, – sekin gapirdi Tanaboy. – Olomon-poygadan kech qaytdik. Charchadim. Otning ham tinkasi qurigan. Uni qantarib qoʻyish kerak, oʻzing bilasan, yaylov uzoqda.

Bibijon indamadi.

Uning koʻzlari oydinda suv tubida yaltirab koʻringan toshlar singari yalt etib yondi-yu, yana soʻndi. Saman yoʻrgʻa juvonning unga yaqin kelishini va boʻynini silab-siypashini kutardi, lekin u bunday qilmadi.

– Sovuq, – yelkalari qaltirab ketdi Bibijonning. – Nega turibsan? Unday boʻlsa, kir. Eh, oʻylab topganingni qara, – sekin kuldi u. – Sen bu yerda ot ustida tipirchilab turganingda men ham boʻlarimcha boʻldim. Bolaga oʻxshaysan.

– Men hozir. Otni bogʻlay.

– Huv anavi yerga, devor yonidagi burchakka bogʻlab qoʻya qol.

Xoʻjayinning qoʻllari hech qachon bunchalik qaltiramagandi. U suvliqni chiqarishga shoshilar, ayillarni darrov boʻshata olmasdi. Ayilning birini bir oz boʻshatdi, ikkinchisini esa esdan chiqarib qoʻydi.

U juvon bilan birga kirib ketdi, koʻp oʻtmay derazalardagi chiroq oʻchdi.

Begona hovlida turish saman otga gʻalati tuyulardi.

Oy bor nurini sochardi. Gulsari devordan koʻzini oshirib qarab, osmonga boʻy choʻzgan, oqimtir-koʻkish shu’laga chayib olingan tungi togʻlarni koʻrdi. U quloqlarini dikkaytirib tinglardi. Ariqda suv shildirardi. Uzoq dalalada hamon oʻsha traktor tarillar, bogʻlarda esa hali ham oʻsha yolgʻiz bulbul sayrardi.

Qoʻshni olma daraxti butoqlaridan oppoq gul barglar toʻkilib, otning kallasi va yoliga sekin qoʻnardi.

Tun yorishib borardi. Saman ot tik turib, tanasining ogʻirligini goh u oyogʻiga, goh bu oyogʻiga solar, tik turib xoʻjayinini sabr-toqat bilan kutar edi. Tunlarni tongga ulab, hali yana koʻp marta bu yerda turishini bilmasdi u.

Tanaboy azonda uydan chiqdi, iliq qoʻllari bilan Gulsarining ogʻziga suvliq sola boshladi. Endi uning qoʻllaridan ham notanish oʻtning oʻsha gʻalati hidi kelardi.

Bibijon Tanaboyni kuzatishga chiqdi. Uning pinjiga suqildi, Tanaboy undan uzoq boʻsa oldi.

– Moʻyloving sanchib oldi, – shivirladi u. – Shoshilish kerak, qara, yorishib qoldi. – U ketmoqchi boʻlib oʻgirildi.

– Bibi, bu yoqqa kel – chaqirdi uni Tanaboy. – Menga qara, buni bir silab-siypab qoʻy, erkala, – imo qildi u saman yoʻrgʻaga qarab. – Bizni xafa qilma sen!

– Voy, esimdan ham chiqibdi-ya, – kulib yubordi u. – Buni qara, ustini olma guli qoplabdi. – U shirin soʻzlarni aytib turib, peshonasida yulduz qashqasi bor huv anavi toʻriq biyachaning lablari singari silliq va yoqimli ajoyib qoʻllari bilan otni silab-siypay boshladi.

Daryodan oʻtgach, xoʻjayin oʻlan ayta boshladi. Uning qoʻshigʻi ostida qadam tashlash unga yoqar, shunda yaylovdagi podaga tezroq yetib olishga oshiqar edi.

Bu may tunlarida Tanaboyning omadi keldi. Podani tunda boqish navbati unga kelgandi. Saman yoʻrgʻa uchun yangi hayot boshlandi. Kunduzi u oʻtlab yurardi, dam olardi, tunda esa xoʻjayini yilqilarni pastqam yerga haydab, uni minib yana oʻsha hovli tomon haydardi. Tong gʻira-shirasida ular goʻyo ot oʻgʻrilariday choʻlning kamqatnov soʻqmoqlaridan yurishib, pastqamlikdan otlar tomon shoshilishardi. Bu yerda xoʻjayini yilqilarni bir joyga yigʻib, qayta-qayta sanab chiqar va oxiri koʻngli tinchirdi. Saman yoʻrgʻaga qiyin boʻldi. Xoʻjayinning bir oyogʻi u yoqda, bir oyogʻi bu yoqda edi. Tunlari esa yoʻlsiz joylardan chopib yurish oson emasdi. Lekin xoʻjayinning irodasi shu edi.

Gulsarining erki oʻzida boʻlsa, u uyurdan sira ham ajralmasdi. Unda aygʻirlik alomatlari paydo boʻlayotgandi. Hozircha u toʻdadagi aygʻir bilan chiqishib, murosa qilib yurgandi. Lekin ikkalasi ham bitta biyaga aylanishib, dam-badam toʻqnashadigan boʻlib qolishdi. U boʻynini tik koʻtarib, dumini xoda qilib yilqilar oldida tez-tez oʻzini koʻz-koʻz qilib yuradigan boʻlib qoldi. Qattiq kishnar, achchigʻlanar, biyalarni sonidan asta tishlar edi. Bu esa ularga yoqsa kerak, uyur aygʻirining rashkini keltirib Gulsariga suykalishardi. Saman yoʻrgʻa rosa adabini yerdi – aygʻir qari, rahmsiz va urishqoq edi. Lekin tun boʻyi hovlida turishdan koʻra bezovtalanib, toʻda aygʻiridan qochib yurish yaxshi edi. Bu yerda – hovlida u biyalarni sogʻinar, anchagacha tipirchilab turar, yer tepinar, keyin yuvoshlanib qolardi. Agar anavi hodisa boʻlmaganida, kim bilsin, bu “tungi safarlar” qanchagacha davom etardi...

Oʻsha tunda saman yoʻrgʻa uyurni qoʻmsab, egasini kutib, odatdagidek hovlida turardi, bir oz mudray boshlagandi ham. U tom toʻsiniga qantarilib qoʻyilgandi. Bu – yotishiga yoʻl qoʻymasdi: har gal mudrab boshi tushib ketganda suvligʻi ogʻziga qattiq botardi. Shunday boʻlsa ham uyqu bosardi. Havo qandaydir ogʻir boʻlib, qop-qora bulutlar osmonni qoplab olgandi.

Gulsari mudrab turib, uyqu aralash daraxtlarni goʻyo toʻsatdan qandaydir bir kuch qulatmoqchi boʻlganday silkitayotganini, ular shovillab ketganini payqab qoldi. Shamol guvillab, sigir sogʻadigan boʻsh chelakni taraqlatib hovlida yumalatib, arqondagi kiyim-kechaklarni yulib-yulqib uchirib ketardi. Laycha qayoqqa yashirinishini bilmay tipirchilab gʻingshiy boshladi. Yoʻrgʻa jahl bilan pishqirdi, quloqlarini dikkaytirib qotib qoldi. U boshini devordan oshirib choʻl tomonga qaradi, u yerdan, zulmat ichidan qandaydir dahshatli narsa guvillab yaqinlashib kelayotgan edi. Bir zumdan soʻng xuddi daraxt qulaganday taraq-turuqlab ketdi. Momaqaldiroq gulduradi, chaqmoqlar bulutlarni qaychiladi. Sharillab yomgʻir quydi. Saman yoʻrgʻa qamchi yeganday jilovini uzmoqchi boʻldi va uyuri uchun dahshatga tushib, jon-jahdi bilan kishnab yubordi. Unda oʻz urugʻini xavfdan saqlashdek azaliy savqi tabiiy uygʻongan. Ot es-hushini yoʻqotib suvliq, jilov, ayil, qil arqondan – uni bu yerda mahkam ushlab turgan hamma narsadan qutulish uchun isyon koʻtardi. U har yoqqa tashlanib, tuyoqlari bilan yerni qaziy boshladi va yilqilar sado eshitish umidida tinimsiz kishnashga kirishdi. Ammo faqat boʻrongina hushtak chalar va uvillardi. Oh, u bogʻlogʻliq joyidan boʻshay olganda edi!..

Xoʻjayini ichki oq koʻylakda otilib chiqdi, uning ortidan ayol koʻrindi, u ham oppoq koʻylakda edi. Ular yomgʻir ostida bir pastda qorayib ketishdi. Chaqmoq ularning hoʻl yuzlari va qoʻrquv bosgan koʻzlariga nur sochib, qorongʻilikdagi uyning bir qismini uning shamolda ochilib-yopilib turgan eshigini ham yoritdi.

– Toʻxta! Toʻxta! – yechib olishga urinib otga baqirdi Tanaboy. Lekin ot endi unga boʻysunmasdi. Saman ot xoʻjayiniga yirtqichlarday tashlandi, tuyoqlari bilan devorni qulatdi, chilvirni uzish uchun tinmay yulqinardi. Tanaboy devorga qapishib uning yoniga pisib bordi, qoʻllari bilan boshini berkitib oldinga tashlandi va jilovga osilib qoldi.

– Tezroq yech! – qichqirdi u juvonga.

Ayol chilvirni endi yechgan ham ediki, yoʻrgʻa ikki old oyogʻini oldinga koʻtarib, Tanaboyni hovli boʻylab sudrab ketdi.

– Qamchini ber, tezroq!

Bibijon qamchini keltirgani yugurib ketdi.

– Toʻxta, toʻxta, oʻldiraman! – qichqirardi Tanaboy otning tumshugʻiga qamchi bilan savalab. U egarga oʻtirib olishi, hozirning oʻzidayoq yilqilar oldiga yetib borishi lozim edi. U yoqda nima boʻlayotganikin? Dovul otlarni qayoqlarga haydab ketdiykin?

Lekin saman yoʻrgʻa ham yilqilar oldida boʻlishi kerak edi. Hozirning oʻzidayoq, qudratli savqi tabiiy uni chorlayotgan mana shu damdayoq yetib borishi lozim. Shuning uchun ham u kishnar va oyoqlarini tik koʻtarar, shuning uchun ham u bu yerdan tezroq ketishga shoshilardi.

Yomgʻir esa chelaklab quyardi, chaqmoq chaqib, momaqaldiroq gumburlab, yerni larzaga keltirardi.

– Ushla! – buyurdi Tanaboy Bibijonga.

Juvon jilovni ushlab olganida u egarga sakradi. U oʻtirishga hali ulgurmasdanoq, otning yolidan ushlab olishi bilan, Gulsari juvonni turtib, agʻanatib yubordi-da, hovlidan otilib chiqib ketdi.

Gulsari endi na suvliqqa, na qamchiga, na ovozga boʻysunmay, tabiiy sezgisi bilangina yoʻlni payqab, boʻronli tunda shatirlatib yogʻayotgan jala ostida uchib borardi. U endi oʻz hukmini yoʻqotgan xoʻjayinini qaynab-toshib oqayotgan soy oʻrtasidan suvning shovillashi va momaqaldiroqning guldur-gulduri ostida, butazorlar orasidan, soyliklar, jarliklardan olib oʻtdi, shiddat bilan olgʻa tomon chopgani-chopgan edi. Gulsari hech qachon, na katta uloqda, na olomon-poygada oʻsha dovulli kechadigidek chopmagandi.

Quturgan saman yoʻrgʻa qayoqqa, qanday qilib olib ketayotganini Tanaboy bilmasdi. Yomgʻir yuzi va badanlarini kuydirayotgan kuchli olovday tuyulardi unga. Uning miyasini faqat birgina fikr oʻyar edi: «Yilqilarga nima boʻldiykin? Otlar hozir qayerda ekan? Temir yoʻl tomonga qochib ketishlaridan Xudo asrasin. Poyezd halokati! Oʻzing panohingda saqla. Oʻzing qoʻllab-quvvatla, Xudo! Yordam ber.

Yiqilib tushma Gulsari, yiqilib tushma! Choʻlga olib chiq, oʻsha yoqqa, oʻsha yoqqa, yilqilarga olib bor!»

Choʻlda esa oq yolqini bilan zulmatda koʻzni qamashtirib chaqmoqlar goh u, goh bu yerda chaqnab turadi. Soʻng yana atrofni zulmat qoplar, momaqaldiroq gumburlar, shamol aralash yomgʻir yogʻardi.

Goh yorishar, goh qorongʻilashar, goh yorishar, goh qorongʻilashar edi...

Yoʻrgʻa oldingi oyoqlarini balandga tik koʻtarar va ogʻzini katta ochib kishnar edi. U chaqirar, u chorlar, u izlar, u kutardi. «Qaydasiz? Qaydasiz? Javob qaytaring!» Unga javoban osmon gumburlar, soʻng yana chopish, yana izlash, yana boʻronga qarshi yugurish.

Havo goh yorishar, goh qorongʻilashar, goh yorishar, goh qorongʻilashar edi...

Boʻron faqat tongga borib tindi. Bulutlar birin-ketin asta tarqalishdi, lekin sharqda momaqaldiroq hali ham tinmasdi, osmon gumburlar, qarsillar, momaqaldiroqlar bir-biriga qoʻshilib ketar edi. Ezilib ketgan yerdan bugʻ koʻtarilardi.

Bir necha yilqichi tarqalib keggan otlarni toʻplab, tevarak-atrofda izgʻib yurishardi.

Tanaboyni esa xotini izlab yurardi. Toʻgʻrirogʻi, kutib oʻtirardi. U tundayoq qoʻshnilari bilan birga otga minib, eriga yordam uchun chopgandi. Ular yilqilarni topishdi, jarlikda ushlab qolishdi. Lekin Tanaboy yoʻq edi. Adashib qolgandir, deb oʻylashdi. Ammo u erining adashmaganligini bilardi. Shuning uchun qoʻshnilarining oʻgʻli: «Huv ana, eringiz, Jaydar opa, huv ana kelyapti!» deb quvonib qichqirib, u tomon otini choptirib ketganida, Jaydar joyidan qoʻzgʻalmadi. Daydi erining qanday qaytib kelayotganligiga ot ustida jimgina qarab turardi.

Tanaboy bir tunning ichida oriqlab ketgan saman otni minib jiqqa hoʻl ichki koʻylakda qoʻrqinchli holatda jimgina kelardi, Gulsari oʻng oyogʻiga oqsardi.

– Biz boʻlsak sizni qidirib yuribmiz! – quvonib xabar qildi uning oldiga chopib borgan yigitcha, – Jaydar opa endi tashvishlana boshlagandi...

Eh, bolakay, bolakay...

– Adashib qoldim,– toʻngʻilladi Tanaboy. Er-xotin shu tarzda uchrashishdi. Bir biriga hech narsa deyishmadi. Yigitcha jarlikdagi yilqilarni haydash uchun uzoqlashganida xotini sekin dedi:

– Bu nimasi, hatto kiyinishga ham ulgurmabsan. Yaxshiyamki, ishtoning bilan etiklaring bor. Uyatmasmi? Axir endi yosh emassan-ku. Ana, bolalarnng yaqinda ulgʻayib qolishadi, sen boʻlsang...

Tanaboy miq etmasdi. Nima ham desin? Bu orada yigitcha yilqilarni haydab keldi. Hamma otlar va toylar sogʻ-salomat edi.

– Uyga ketdik, Oltivoy, – yigitchani chaqirdi Jaydar. – Bugun sizlarning ham, bizlarning ham bir dunyo ishimiz bor. Shamol oʻtovlarimizni agʻdar-toʻntar qilib tashladi. Yur, yigʻishtirib olaylik.

Tanaboyga boʻlsa sekin dedi:

– Sen shu yerda tura tur. Senga ovqat, kiyim-kechak keltiraman. Odamlarning koʻziga qanday koʻrinasan bu ahvolda?

– Huv anavi yerda, pastda boʻlaman, – deb ishora qildi Tanaboy.

Ular joʻnab qolishdi. Tanaboy yilqilarni yaylovga haydab ketdi. Uzoq haydadi. Oftob yoyilib kun ilidi. Choʻl bugʻlanib jonlandi. Yomgʻir va koʻkatlarning hidi anqiy boshladi.

Otlar baland-pastliklardan, jarliklardan shoshilmay loʻkillab, sayhonlikka chiqishdi. Bu yerda Tanaboy koʻzi oldida goʻyo boshqa bir olam ochilganday boʻldi. Uzoq-uzoqlarda ufq oq bulutlarga burkangandi. Osmon cheksiz, baland va tip-tiniq. Bu yerdan juda uzoqda, choʻlda poyezd tutun taratib ketardi.

Tanaboy otdan tushib, oʻt-oʻlanlar ustidan yurib ketdi. Yonginasidan toʻrgʻay «pirr» etib uchdi-da, balandga koʻtarilib sayray ketdi. Tanaboy boshini quyi solib borardi, toʻsatdan yerga gupillab dumalab tushdi.

Gulsari xoʻjayinini hech qachon bunday ahvolda koʻrmagandi. U yuz tuban yotar, yelkalari yigʻidan qalt-qalt qilardi. U nomus va alamdan yigʻlardi, umrida soʻnggi bor erishgan baxtidan ayrilganini bilardi u. Toʻrgʻay boʻlsa hamon sayrardi...

Ertasiga yilqilar togʻlar tomon yoʻl olishdi – endi ular bu yerlarga faqat kelgusi yili erta bahorda qaytishlari kerak edi. Koʻchmanchilar daryo boʻylab ovul yaqinidagi sizot pichanzorlardan oʻtib borishardi. Qoʻy-qoʻzilar, sigirlar, yilqilar oʻtib borardi. Yuk ortilgan tuyalar va otlar oʻtib borar, egarlarida ayollar va bolalar oʻtirishardi. Paxmoq itlar chopishardi. Havoni har xil ovozlar: baqiriqlar, kishnashlar, ma’rashlar larzaga keltirgan edi.

Tanaboy oʻz yilqilarini keng oʻtloqdan, keyin yaqindagina bayramda xaloyiqning gʻala-gʻovuri, shovqin-suroni hukm surgan tepalikdan haydab borar va ovul tomonga qaramaslikka harakat qilardi. Gulsari bir mahal toʻsatdan chekkadagi hovli tomon qayrilganida, bu qiligʻi uchun qamchi yedi. Shunday qilib, ular manglayida yulduzi bor oʻsha toʻriq baytalchaning lablari singari silliq va mehribon qoʻlli juvonning hovlisiga kirishmadi.

Yilqilar baravariga chopib borishardi.

Saman yoʻrgʻa xoʻjayinining oʻlan aytishini istardi, lekin u miq etmasdi. Ovul ortda qoldi. Xayr, ovul. Oldinda togʻlar. Kelgusi bahorgacha xayr, choʻl. Oldinda togʻlar.


VI

Tun yarimlab qolgandi. Bundan bu yogʻiga Gulsari ortiq yura olmasdi. U bu yerga, jarlikka qadar necha martalab toʻxtab-toʻxtab bir amallab yurib keldi, lekin jarlikdan oʻtishga endi majoli yetmasdi. Otdan bundan ortiq talab qilish mumkin emasligini keksa Tanaboy tushundi. Gulsari azoblanib ingrar, odam kabi ingrar edi. U yota boshlaganida Tanaboy xalaqit bermadi.

Sovuq yerda yotganida ham saman ot kallasini u yoqdan-bu yoqqa tebratib ingrashdan toʻxtamasdi. U sovqotgandi, butun tanasi qaltirardi. Tanaboy ustidan poʻstinini yechdi va uni otning beliga yopib qoʻydi.

– Nima boʻldi, ahvoling yomonmi? Juda yomonmi? Sovqotdingmi, Gulsari? Sen axir hech qachon sovqotmasding-ku.

Tanaboy yana allanima deb gʻulduradi, lekin saman yoʻrgʻa endi hech narsani eshitmasdi. Uning yuragi goʻyo yilqilar oʻzlarini ta’qib qilayotganlardan dahshatga tushib qochayotganday, gum-gup, gum-gup, gum-gup etib naq qulogʻining ostida tartibsiz urardi.

Togʻlar ortidan oy koʻtarildi, tuman ichida osmonda osilib qoldi... Yulduzlar tovushsiz uchar va soʻnar edi.

– Sen shu yerda yota tur, men borib qovray terib kelay, – dedi chol.

U bulturgi qurigan oʻtlarni yigʻib, atrofda uzoq daydib yurdi. Bir quchogʻini tergunicha qoʻllarini tikanlar tirnab ketdi. Keyin, har ehtimolga qarshi, qoʻlida pichoq tutib jarlikka tushdi va bu yerda yulgʻunga duch keldi.

U chinakam gulxan qalaydigan boʻldik, deb quvonib ketdi.

Gulsari yaqinida yonayotgan olovdan doim qoʻrqardi. Hozir esa qoʻrqmadi, yonidan issiq va dud urib turardi. Tanaboy qop ustida indamay oʻtirar, gulxanga goh yulgʻun, goh burgan tashlab, olovdan koʻz uzmay qoʻllarini isitardi. Ba’zan oʻrnidan turib, ot ustiga tashlangan poʻstinini tuzatib qoʻyar va yana olov yoniga oʻtirardi.

Gulsari isinib oldi, qaltirashi toʻxtadi, ammo koʻz oldi qorongʻilashar, koʻkragi qisilar, nafas olishga havo yetishmasdi. Shamolda olov goh pasayar, goh kuchayardi. Qarshisida oʻtirgan, uzoq vaqtdan beri uning xoʻjayini boʻlib kelgan chol goh gʻoyib boʻlar, goh paydo boʻlardi. Alahsirayotgan saman otga goʻyo u egasi bilan birga boʻronli tunda chopib borayotganday, oyoqlarini tikka koʻtarib kishnayotganday, yilqilarni qidirayotganday, ammo ular topilmayotganday tuyulardi. Oppoq chaqmoqlar yalt-yult chaqnab, soʻng, oʻchib turganga oʻxshardi.

Goh yorishar, goh qorongʻilashar, goh yorishar, goh qorongʻilashar edi...


VII

Qish tugadi, yashash unchalik ogʻir emasligini choʻponlarga koʻrsatish uchun qish vaqtincha oʻrnini boʻshatdi. Issiq kunlar keladi, mollarga moy bitib, et oladi, sut va goʻsht moʻl-koʻl boʻladi, poyga va bayramlar boʻladi, oddiy kunlar boshlanadi: qoʻzilatish-qulunlatish, jun qirqish, yosh molni oʻstirish, yaylovdan-yaylovga koʻchish, goʻsht kombinatiga qoʻy-yilqilarni haydab borish kerak, bu ishlar orasida har kimning oʻz tashvishi – muhabbat va ayriliq, tugʻilish va oʻlim bor, farzandlarning muvaffaqiyatlaridan odamlar gʻururlanishadi, ular haqida internatdan noxush xabarlar olganda: «Oʻzimning oldimda boʻlganida, ehtimol, yaxshiroq oʻqirmidi», deb kuyib-pishishadi. Nimalar, boʻlmaydi, deysiz, tashvishlar boshingizdan oshadi va qishki azob-uqubatlar vaqtincha esdan chiqadi. «Yut» keladi, mollar nobud boʻladi, yerlar yaxmalak bilan qoplanadi, teshik-yirtiq oʻtovlar va muzdek molxonalar kelgusi yilgacha svodkalarda va hisobatlarda qolib ketadi. Keyin yana qish bosib keladi, oq tuyasida chopib keladi, togʻdami, choʻldami, qayerda boʻlmasin, choʻponni izlab topadi va unga oʻz qiliqlarini koʻrsatadi. Vaqtincha unutilgan hamma narsani esga tushiradi u. Yigirmanchi asrda ham qish oʻzining shu qiligʻini qoʻymadi...

Oʻshanda ham shunday qildi. Oriqlab ketgan mollar va yilqilar togʻlardan tushishib, choʻlga yoyilib ketishdi.

Bahor. Qishdan omon chiqishdi.

Oʻsha bahorda aygʻir Gulsari yilqilar orasida sayr qilib yurdi. Tanaboy endi uni kamdan-kam egarlar, unga rahmi kelar, minaverish mumkin ham emasdi – qochirish mavsumi yaqinlashib qolgandi.

Gulsari yaxshi aygʻir boʻladiganga oʻxshardi. Jajjigina qulunlarni xuddi otalariday kuzatib yurardi. Ona biya alahsib qolsa, u qulunning biror yoqqa dumalab ketishiga yoki yilqilardan ajralib qolishiga yoʻl qoʻymasdi. Gulsarining yana bir fazilati shu ediki, u otlarni bekordan-bekor bezovta qilishlarini yaxshi koʻrmasdi, agar bezovta qilaverishsa yilqilarni darrov uzoqroqqa haydab ketardi.

Oʻsha yilning qishida kolxozda oʻzgarishlar boʻldi. Yangi rais yuborishdi, Choro ishlarni topshirdi-da, tuman kasalxonasiga yotdi. Uning yuragi juda zaiflashib qolgandi. Tanaboy koʻp marta doʻstini koʻrgani bormoqchi boʻldi-yu, ammo ishni tashlab ketib boʻlarmidi? Choʻpon koʻp bolali onaga oʻxshaydi. Doim, ayniqsa kuz va koʻklamda tashvishi koʻp boʻladi. Mol mashina emaski, qulogʻini burab qoʻyib ketaversang. Shu tariqa Tanaboy tuman kasalxonasiga bora olmadi. Endi uning yordamchisi yoʻq edi. Xotini oʻrin yordamchi yilqiboqar hisoblanardi – turmush kechirish uchun bir amallab pul topish kerak edi-da, axir: mehnat kuniga kam haq toʻlansa ham, har holda bir mehnat kuniga qaraganda ikki mehnat kuniga koʻproq haq olish mumkin.

Lekin Jaydarning qoʻlida bolasi bor edi. U qanaqasiga yordamchi boʻla olsin? Kunu tun oʻzi koʻz-quloq boʻlib turishi kerak edi. Tanaboy qoʻni-qoʻshnilari bilan gaplashib yordamchi topgunicha Choroning kasalxonadan chiqib ovulga qaytganligi haqida xabar keldi. Shunda u xotini ikkisi, keyinchalik – togʻdan tushganlarida unikiga borishga qaror qilishdi.

Vodiyga endi qaytib tushishganida, yangi joyga endigina koʻnika boshlashganida, Tanaboy haligacha hayajonsiz eslay olmaydigan voqea yuz berdi...

Yoʻrgʻa ot dong chiqarsa, oqibati uning uchun yaxshi ham boʻlishi mumkin, yomon ham. Tevarak-atrofga uning dong-dovrugʻi qanchalik koʻp taralsa, boshliqlar unga shuncha koʻp koʻz olaytirishadi.

Oʻsha kuni Tanaboy ertalabdan otlarni yaylovga haydadi, oʻzi esa ovqatlanish uchun uyiga qaytdi. Qizini tizzasiga olib, xotini bilan oilaviy ishlar haqida gaplashib choy ichib oʻtirardi.

Internatdagi oʻgʻlining oldiga, shu bilan birga bir yoʻla stansiyaga – chayqov bozoriga ham borish, bolalari va xotini uchun u-bu kiyim sotib olish kerak edi.

– Unday boʻlsa, Jaydar, yoʻrgʻani egarlay, – dedi Tanaboy choydan hoʻplab. – Boʻlmasa qaytib kelishga ulgurmayman. Oxirgi marta minib borib kelaman, keyin unga tegmayman.

– Mayli, oʻzing bilasan, – rozi boʻldi Jaydar. Tashqarida otliqlarning dupuri eshitildi. Kimdir ular tomon kelardi.

– Qara-chi, – dedi Tanaboy xotiniga. – Kim ekan u?

U chiqdi-da, qaytib keldi, ferma mudiri Ibrohim va u bilan birga yana ovuldan kimdir kelganligini aytdi.

Tanaboy oʻrnidan istar-istamas qoʻzgʻaldi, qizini qoʻliga koʻtarib oʻtovdan chiqdi. Garchand u yilqichilik fermasining mudiri Ibrohimni uncha yoqtirmasa ham, mehmonni kutib olish kerak edi. Ibrohimni nima uchun yoqtirmasligini Tanaboyning oʻzi ham bilmasdi. U boshqalarga qaraganda xushmuomalali edi, ammo shunday boʻlsa ham u subutsiz odamga oʻxshardi. Eng yomoni shu ediki, hech qanday ish bilan shugʻullanmasdi, faqat hisob-kitob olib borardi. Fermada yilqichilik ishlari oʻlda-joʻlda, har bir yilqiboqar oʻz holiga tashlab qoʻyilgandi. Partiya majlislarida Tanaboy bu haqda necha bor gapirganda hamma unga qoʻshilardi, Ibrohim ham qoʻshilib, tanqid uchun minnatdorchilik bildirardi, lekin hamma narsa ilgarigiday qolib ketaverardi. Yaxshiyamki, vijdonli, halol yilqiboqarlar tanlangan. Ularni Choroning oʻzi tanlagandi.

Ibrohim egardan tushib, ochiq yuz bilan qulochini yozdi.

– Assalomu alaykum, xoʻjayin! – u hamma yilqi boqarlarni xoʻjayin deb atardi.

– Vaalaykum assalom! – vazmin javob berdi Tanaboy kelganlarning qoʻlini siqib.

– Sogʻ-omonmisizlar? Otlar qalay, Tanaka, oʻzingiz qalaysiz? – Ibrohim ogʻzi oʻrganib qolgan savollarni sigʻdirar, odatdagi tabassumidan uning semiz yuzi yoyilib ketardi.

– Joyida.

– Xudoga shukur. Sizdan koʻnglim toʻq.

– Oʻtovga marhamat.

Jaydar mehmonlar uchun yangi kigiz toʻshadi, kigiz ustiga esa echki terisidan qilingan poʻstak tashladi. Unga ham Ibrohim iltifot qildi.

– Salom, Jaydar boybicha. Sogʻligʻingiz qalay? Eringizga yaxshi qarayapsizmi?

– Salom, kiringlar, bu yoqqa oʻtiringlar.

Hammasi oʻtirishdi.

– Bizga qimizdan quy, – dedi xotiniga Tanaboy. Qimiz ichishdi, u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirishdi.

– Hozir eng yaxshi ish – chorvachilik. Hech boʻlmaganda yozda sut, goʻsht boʻladi-ku, – mulohaza qilardi Ibrohim, – dalachilikda yoki boshqa ishlarda umuman hech vaqo yoʻq. Shuning uchun hozir yilqilaru qoʻy-qoʻzilar yonida boʻlgap ma’qul. Toʻgʻrimasmi, Jaydar boybicha.

Jaydar bosh silkidi, Tanaboy boʻlsa indamadi. Buni uning oʻzi ham bilardi, chorvachilikni qadrlash kerakligiga ishora qilish uchun har bir imkoniyatdan foydalanadigan Ibrohimdan ham bunday gapni birinchi bor eshitayotgani yoʻq edi. Tanaboyning unga: agar odamlar sut-goʻshtli issiqqina joylarga suquladigan boʻlsa, buning hech yaxshi tomoni yoʻq, degisi keldi. Boshqalar-chi? Qachongacha odamlar bekorga ishlashadi? Urushga qadar bundaymasdi-ku. Kuzda har bir uyga ikki-uch aravadan gʻalla keltirilardi. Endi-chi? Biror yerdan biron narsa undirish uchun qoplari bilan yugurib yurishadi. Oʻzlari gʻalla yetishtirishib, oʻzlari nonsiz oʻtirishadi. Bu yaxshi emas. Faqat majlislaru pand-nasihatlar bilan uzoqqa borib boʻlmaydi. Choro mehnatlari uchun odamlarga yaxshi soʻzdan boʻlak hech narsa bera olmay qolgani uchun ham yurak kasaliga yoʻliqdi.

Ammo fikr-xayolini band qilgan bu masalalarni Ibrohimga gapirib oʻtirishning foydasi yoʻq. Tanaboy hozir gapni choʻzishni istamasdi ham. Bularni tezroq kuzatish, ishlarini tezroq bitirish uchun yoʻrgʻani egarlash – barvaqtroq qaytish kerak edi. Nega kelishdiykin ular? Lekin soʻrab-surishtirish noqulay edi.

– Negadir seni taniyolmayapman, inim, – Tanaboy Ibrohimning hamrohi, kam gap yosh yigitga murojat qildi. – Rahmatli Abalakaning oʻgʻlimasmisan sen?

– Ha, Tanaka, men oʻshaning oʻgʻliman.

– Oʻx, vaqt qanday tez oʻtyapti-ya. Yilqilarni koʻrgani keldikmi?

– Yoʻq, biz...

– U men bilan birga keldi, – uning soʻzini boʻldi Ibrohim.

– Biz bu yerga bir ish bilan keldik, keyinchalik gaplasharmiz u haqda. Qimizingiz, Jaydar boybicha, juda ajoyib ekan. Hidini qarang, qanday oʻtkir. Yana bir kosa quyingchi.

Yana u-bu hakda gaplasha boshlashdi. Tanaboyning koʻngli koʻngilsiz bir narsani sezib turardi, lekin nima maqsadda kelishganini tushuna olmadi. Nihoyat, Ibrohim choʻntagidan qanaqadir qogʻozni oldi.

– Tanaka, biz sizning oldingizga mana shu ish bilan, manavi qogʻoz bilan keluvdik. Oʻqib koʻring.

Tanaboy ovoz chiqarmay hijjalab oʻqirdi, oʻqirdi-yu koʻzlariga ishonmasdi. Yirik-yirik harflar bilan qogʻozga shular yozilgandi:

«Farmoyish.

Yilqichi Bakasovga.

Saman yoʻrgʻa Gulsari minib yurish uchun otxonaga joʻnatilsin.

Kolxoz raisi (aji-buji imzo). 1950 yil, 5 mart».

Ishning bunchalik yomon tus olishidan esankirab qolgan Tanaboy indamay qogʻozni toʻrtga bukladi-da, gimnastyorkasining koʻkrak choʻntagiga soldi va koʻzini yerdan uzmay uzoq oʻtirib qoldi. Kuragining osti muzlab, koʻngli behuzur boʻla boshladi. Sirasini aytganda, bunda kutilmagan, tasodifiy hech narsa yoʻq. Keyinchalik ishlatish, minib yurish uchun u otlarni parvarish qilayotgan edi-da. Bu yillar ichida u qancha-qancha otlarni brigadalarga joʻnatdi. Lekin Gulsarini berish uning qoʻlidan kelmasdi. Shuning uchun u saman yoʻrgʻani qanday qilib olib qolish haqida zoʻr berib fikr yurita boshladi. Hamma ishni puxta oʻylab qilish kerak edi. Oʻzini tutib olishi kerak.

Ibrohim bezovtalana boshladi:

– Mana shunday arzimagan ish bilan sizning oldingizga keldik, Tanaka, – ehtiyotkorlik bilan dedi u.

– Ma’qul, Ibrohim, – xotirjam boqdi unga Tanaboy. – Bu ish qochib qutulmaydi. Yana qimizdan ichaylik, gaplashib oʻtiraylik.

– Ha, albatta, siz aqlli odamsiz-ku, Tanaka.

«Aqlli! Sening avrab aldashlaringga uchib boʻpman!» – dedi ichida Tanaboy achchigʻlanib.

Yana anchayin suhbat boshlandi. Endi shoshilishning hojati yoʻq edi.

Tanaboy kolxozning yangi raisi bilan ilk bor shu tarzda toʻqnashdi. Toʻgʻrirogʻi, shaxsan oʻzi bilan emas, balki uning aji-buji imzosi bilan. Uning oʻzini hali yuzma-yuz koʻrmagandi. U Choroning oʻrniga kelganida togʻlarda edi. Uni qattiqqoʻl odam, katta mansablarda ishlagan, deyishardi. Birinchi yigʻilishdayoq ishyoqmaslarni qattiq jazolashni aytib ogohlantirib qoʻygan, mehnat kuni minimumini bajarmaganlik uchun esa sudga tortaman, deb doʻq qilgan, kolxozlardagi barcha qiyinchiliklar kolxozlarning mayda boʻlganligidan yuz berayotganligini, endi ularni yiriklashtirajaklarini, tez orada ahvol yaxshilanishini, uni shuning uchun ham bu yerga yuborilganini, xoʻjalikni ilgʻor agrotexnika va zootexnikaning barcha qonun-qoidalariga muvofiq olib borishini oʻzining asosiy vazifasi qilib olganligini aytgan edi. Buning uchun esa hamma agrotexnika va zootexnika toʻgaraklarida oʻqishga majbur.

Chindan ham oʻqishni boshlab yuborishdi – plakatlar osib qoʻyishdi, leksiyalar oʻtkaza boshlashdi. Agar choʻponlar leksiyalar paytida pinakka ketib qolishayotgan boʻlishsa, bu endi ularning ishi...

– Tanaka, biz ketishimiz kerak, – Ibrohim Tanaboydan bir narsani kutganday qaradi va etiklarining sirgʻalib tushgan qoʻnjlarini tortib, tulki telpagini qoqib, u yer-bu yerini tuzata boshladi.

– Gap bunday, ferma mudiri, raisga borib ayt: men Gulsarini bermayman. U uyur aygʻiri. Biyalarga qoʻyamiz.

– Voy-boʻy, Tanaka, biz uning oʻrniga besh aygʻir beramiz, bironta ham biya qisir qolmaydi. Axir shu ham gapmi? – ajablandi Ibrohim. Hamma ish yaxshi borayotganidan u xursand edi, birdan... Eh, Tanaboy oʻrnida boshqa biron kishi boʻlganida gapni qisqa qilgan boʻlardi. Ammo Tanaboy Tanaboyligini qiladi-da, u oʻzining akasini ham ayamagan, buni e’tiborga olish kerak. Ehtiyotlik bilan ish tutmasa boʻlmaydi.

– Menga sizlarning besh aygʻiringiz kerakmas! – Tanaboy terlab ketgan peshonasini artdi va bir oz indamay turgach, ochiqchasiga gaplashishga qaror qildi. – Nima, raisingga minishga ot topilmadimi? Otxonada otlar qurib ketibdimi? Nega endi aynan Gulsari kerak boʻlib qoldi?

– Nega bunday deysiz, Tanaka? Rais bizning rahbarimiz, demak, uni hurmat qilish kerak. Axir u tumanga boradi, uning oldiga ham odamlar kelib turishadi. Rais xalq orasida yuradi, xoʻsh, aytaylik...

– Nima, xoʻsh? Boshqa otni minsa hech kim uni tan olmay qoʻyadimi? Yoki hammaning koʻz oldida boʻlsa, albatta yoʻrgʻa otni minishi kerakmi?

– Albattami, albatta emasmi, ammo shunday boʻlishi kerak. Mana siz, Tanaka, urushda soldat boʻlgansiz. Siz yengil mashinada, generalingiz esa yuk mashinasida yurganmi axir? Yoʻq, albatta. Generalga – generalligiga munosibi, soldatga – soldatlarga yarashasi. Yo notoʻgʻrimi?

– Uning yoʻrigʻi boshqa, – ikkilanib e’tiroz bildiradi Tanaboy. Nega yoʻrigʻi boshqacharoq ekanligini tushuntirib oʻtirmadi, ochigʻini aytganda, tushuntira olmasdi.

Saman yoʻrgʻa boʻynidagi sirtmoqning tortilayotganini sezib, u jahl bilan gapirdi:

– Bermayman. Agar ma’qul koʻrmayotgan boʻlsalaring, yilqiboqarlikdan olib tashlanglar. Temirchilik ustaxonasiga boraman. U yerda siz mendan bolgʻani tortib ololmaysizlar.

– Nega bunday deysiz, Tanaka! Biz sizni hurmat qilamiz, qadrlaymiz. Siz boʻlsangiz xuddi yosh bolaning gapini qilyapsiz. Axir shu sizga munosibmi? – Ibrohim oʻtirgan joyida tipirchilab qoldi. Ish pachava boʻldi shekilli. Oʻzi va’da bergandi, oʻzi maslahat qilgandi, oʻzi toʻgʻrilayman deb maqtanuvdi, manavi qaysar nusxa boʻlsa hamma ishni barbod qilmoqchi.

Ibrohim chuqur xoʻrsindi-da, Jaydarga murojaat qildi:

– Oʻzingiz oʻylab koʻring, Jaydar boybicha, bitta ot nima boʻpti, mayli yoʻrgʻa boʻlsa ham? Uyurda qanaqa otlar yoʻq deysiz – istaganingizni tanlab oling. Odam kelgan boʻlsa oldingizga, uni yuborishgan boʻlsa...

– Sen nega buncha jon kuydiryapsan? – soʻradi Jaydar.

Ibrohim hayron boʻlib, tutilib qoldi:

– Boʻlmasam-chi? Tartib-intizom. Menga topshirishdi, men kichik odamman. Oʻzim uchun emas. Men eshakda ham yuraveraman. Mana soʻrang, Abalakaning oʻgʻlini yuborishdi yoʻrgʻa otni minib kel deb.

U indamay bosh silkitdi.

– Yaxshi ish boʻlmayapti, – davom ettirdi Ibrohim. – Uni bizga rais qilib yuborishdi, u bizning mehmonimiz, biz butun ovul bir boʻlib otni bermasak. Xalq bilsa nima deydi? Qirgʻizlar qachon shunday qilishgan?

– Xoʻp yaxshi, – javob berdi Tanaboy. – Ovuldoshlar bilsin, mayli. Men Choroning oldiga boraman. Mayli, u bir yoqlik qilsin bu masalani.

– Choro, berma, deydi deb oʻylaysizmi? U bilan kelishilgan. Faqat uni uyaltirib qoʻyasiz. Qasddan boʻyintoblik qilyapsiz. Yangi raisni tan olmaymiz, eskisiga arz qilgani boramiz? Choro kasal odam boʻlsa. Uning rais bilan munosabatini buzishning nima hojati bor? Choro partiya tashkilotchisi boʻladi, u rais bilan ishlashishi kerak. Xalaqit berishning nima keragi bor...

Choro haqida soʻz ketganida Tanaboy indamay qoldi. Hamma jimib qoldi. Jaydar ogʻir xoʻrsindi.

– Ber, – dedi u eriga, – odamlarni tutib turma.

– Mana bu aqlli gap, allaqachon shunday qilsangiz boʻlardi, rahmat sizga Jaydar boybicha.

Ibrohim bekorga qayta-qayta minnatdorchilik bildirmagandi. Shundan keyin, koʻp vaqt oʻtmay, u ferma mudirligidan raisning chorvachilik boʻyicha muovinligiga koʻtarildi...

Tanaboy egar ustida yerga tikilib oʻtirardi, qaramasa ham hamma narsani koʻrardi. Gulsari qanday tutilganini va unga qanday qilib yangi noʻxta urilganini (oʻzining noʻxtasini Tanaboy oʻlsa ham bermasdi) koʻrib turdi. Gulsarining uyurdan ketgisi kelmayotganligini, Abalakaning oʻgʻli tutib turgan jilovdan qutulish uchun har tomon tashlanayotganini, Ibrohim goh u yonidan, goh bu yonidan ot choptirib kelib, qamchi bilan qulochkashlab uni urayotganini koʻrib turardi. U yoʻrgʻa otning koʻzlarini, bu koʻzlar sarosimaga tushib notanish kishilar uni biyalar va qulunlardan, oʻz xoʻjayinidan ayirib qayoqqa va nega olib ketayotganliklarini tushunmayotganini koʻrardi, kishnaganida uning ochiq ogʻzidan otilib chiqqan bugʻni, yolini, belini, sagʻrisini, bel va biqinlaridagi qamchi izlarini koʻrib turardi, butun bastini, hatto oldingi oʻng oyogʻining toʻpigʻidan yuqorisidagi kichikroq gʻurrani ham koʻrib turardi, uning oyoq tashlashlarini, tuyoq izlarini, och sargʻish toʻriq junlarining soʻnggi qiligacha hammasini koʻrib turardi va lablarini tishlab indamay iztirob chekardi...

U boshini koʻtarganida Gulsarini olib ketganlar tepalik orqasida koʻzdan gʻoyib boʻlishgan edi. Tanaboy ingrab yubordida, ularning ortidan otini choptirib ketdi.

– Toʻxta, bu niyatingdan qayt! – Jaydar oʻtovdan yugurib chiqdi.

Chopib ketayotib birdan uning xayolidan: xotinim anavi tunlardagi qilmishlarim uchun saman yoʻrgʻadan qasos olyapti, degan dahshatli taxmin oʻtdi. U otni toʻsatdan keskin burib, qamchi bilan tislattirib urganicha orqasiga qaytardi. Oʻtov yonida otni shartta toʻxtatdi-da, sakrab tushdi va yuzi burushgan, rangi quv oʻchgan dahshatli bir ahvolda xotinining oldiga chopib keldi:

– Sen nega... nega berib yubor, deding? – pichirladi u tik boqib.

– Oʻzingni bos! Qoʻlingni tushir, – u har doimgiday xotirjamlik bilan bosib qoʻydi erini. – Gapimga quloq sol. Gulsari axir sening xususiy otingmi? Oʻz otingmi? Oʻzingga tegishli nimang bor sening? Bizdagi hamma narsa kolxozniki. Shu bilan tirikmiz. Saman yoʻrgʻa ham kolxozniki. Rais esa kolxoz xoʻjayini, nima desa, shu boʻladi. Anavi toʻgʻrisida koʻnglingga kelgan narsa bekor, istasang, hozir ham ketishing mumkin. Ketaver. U mendan yaxshiroq, chiroyliroq, yoshroq. Yaxshi juvon. Men ham beva qolishim mumkin edi, lekin sen qaytib kelding. Qancha kutdim seni! Mayli, bu toʻgʻrida gapirib oʻtirmaylik ham. Sening uch bolang bor. Ularni nima qilasan? Keyinchalik nima deysan ularga? Ular nima deyishadi? Men nima deyman ularga? Oʻzing hal qil...

Tanaboy choʻlga chiqib ketdi. Yilqilar oldida kechga qadar qolib ketdi, hamon oʻzini bosib ololmasdi. Yilqilar yetimlanib qoldi. Tanaboyning qalbi bum-boʻsh boʻlib qoldi. Yoʻrgʻa ot oʻzi bilan birga uning qalbini ham olib ketdi. Hammasini olib ketdi. Goʻyo, hamma narsa oʻzgarganday.

Quyosh ham boʻlakcha, osmon ham boʻlakcha, oʻzi ham goʻyo boshqachaday edi.

U qorongʻi tushganda qaytdi. Oʻtovga indamay, qop-qorayib kirib keldi. Qizlari uxlab qolishgandi. Oʻchoqda olov yonardi. Xotini qoʻliga suv quydi.

– Yemayman, – rad qildi Tanaboy. Soʻng dedi: – Changovuzni ol, «Ona tuyaning boʻzlashi»ni chalib ber.

Jaydar changovuzni oldi, uni lablariga tutdi, barmogʻini ingichkagina poʻlat «til»ga tegizdi, unga pufladi, soʻng nafasini ichiga tortdi, koʻchmanchilarning qadimiy kuyi quyilib oqa boshladi. Oq boʻtalogʻini yoʻqotgan ona tuya haqida qoʻshiq. Choʻlu dashtlarda u uzoq kunlar yugurib-elib yuradi. Boʻtalogʻini chaqiradi, qidiradi. Oqshomlari jarlik yoqalab, ertalab yalangliklarda uni oʻz orqasidan endi ergashtirib yura olmasligidan, butoqlardan barglarni birgalikda terib yeya olmasligidan, koʻchma qumlar ustida yugura olmasligidan, bahor paytida dalalarda aylanib yura olmasligidan, uni oppoq sutin bilan emiza olmasligidan zorlanardi. Qaydasan, qorakoʻz boʻtalogʻim? Javob ber! Yelinimdan, tirsillab turgan yelinimdan sut tizillab oqyapti, oyoqlarimdan oqib tushyapti. Qaydasan? Javob ber! Yelinimdan, tirsillab turgan yelinimdan tizillab sut oqyapti. Oppoq sut...

Jaydar changovuzni yaxshi chalardi. Tanaboy uni qizlik vaqtida shu chalishi uchun sevib qolgandi.

Tanaboy boshini quyi solib tinglardi va yana boshini koʻtarib qaramasa ham hamma narsani koʻrib turardi. Issiq va sovuqdagi koʻp yillik mehnatdan uning dagʻallashib ketgan qoʻllari, oppoq oqargan sochlari va boʻynida, lablarida, koʻz yonlarida paydo boʻlgan ajinlar. Oʻsha ajinlar ortida oʻtgan, yoshlik sochlari yelkasiga tushib turgan sariq magʻiz qizcha va uning oʻzi – Tanaboyning oʻsha kezlardagi juda-juda yosh yigitlik davri, hamda ular ikkalasining oʻsha yillardagi yaqinligi koʻzga koʻrinib ketardi. Xotini hozir uni sezmayotganligini Tanaboy bilardi, u oʻz kuyiga, oʻz xayollariga gʻarq boʻlgandi. Oʻsha damda u yana oʻz kulfatlari va azob-uqubatlarining yarmini xotinining hayotida, taqdirida koʻrardi. Jaydar bu kulfat va uqubatlarni oʻz ustiga olgan edi.

...Ona tuya qancha kunlardan buyon yelib-yugurib oʻz bolasini qidiradi, chaqiradi. Qaydasan, qora koʻzli boʻtalogʻim? Yelinimdan, tirsillab turgan yelinimdan sut tizillab chiqyapti, oyoqlarimdan oqib tushyapti. Qaydasan? Javob ber! Yelinimdan tizillab sut oqyapti. Oppoq sut...

Qizlar esa uxlab yotishardi. Oʻtov ortida bepoyon choʻl, tun qorongʻiligida koʻz ilgʻamas choʻl yastanib yotardi.

Bu paytda Gulsari otxonada toʻs-toʻpolon qilib, otboqarlarga uyqu bermayotgandi. U otlarga qamoqxona boʻlgan otxonaga birinchi bor tushishi edi.


VIII

Tanaboy bir kuni ertalab yilqilar orasida oʻz saman yoʻrgʻasini koʻrganida qalbi olam-olam quvonchga toʻldi. Ustida egar, noʻxtasidan uzilgan arqonning bir boʻlagi osilib turardi.

– Gulsari, Gulsari, omonmisan? – Tanaboy sirtmogʻi bilan yugurib bordi va yaqinlashib uni begona yuganda, ogʻir uzangili qoʻpol begona egar ostida koʻrdi. Uni ayniqsa egar ustidagi qalin duxoba yostigʻi gʻazablantirib yubordi, goʻyo otni erkak emas, balki xotin minib yurganday.

– Tuf! – gʻazablanganidan tupurib yubordi Tanaboy. Otni tutmoqchi, uning ustidagi mana bu bema’ni abzal-anjomlarning hammasini uloqtirib tashlamoqchi boʻldi, lekin Gulsari tutqich bermay qochib ketdi. Saman yoʻrgʻaning hozir u bilan ishi yoʻq, u biyalarga aylanishardi. Yoʻrgʻa ularni shu qadar sogʻingandiki, oʻzining. sobiq xoʻjayinini hatto payqamagan ham edi.

«Demak, oxir qochib kelibsan-da, tizginni uzibsan-da. Balli! Xoʻp, mayli, oʻynab qol, oʻynab qol, men jim yuraman», oʻyladi Tanaboy va yilqilarning bir oz chopib yurishiga erk berishga qaror qildi. Gulsarining orqasidan odamlar yelib kelishmagunicha, u oʻzini oʻz uyidagiday his etib yuraversin.

– Hayt-hayt-hayt! – qichqirdi Tanaboy, uzangiga oyoq tirab va sirtmoqni havoda oʻynatib yilqilarni haydadi.

Biyalar qulunlarini chaqirib qoʻzgʻalishdi, yosh biyalar oʻynoqlab chopib ketishdi. Shamol ularning yollarini oʻynardi. Koʻkatlar bilan qoplanayotgan yer quyosh nuri ostida yashnardi. Gulsari seskanib tushdi, qaddini rostlab oldi-da, gerdayib chopib ketdi. Uyur oldiga tushib oldi, yangi aygʻirni uyurdan quvib chiqardi-da, orqaga haydab yubordi, oʻzi boʻlsa pishqirib, uyur oldida oʻzini koʻz-koʻz qilib oʻynoqlab ketdi va yilqilarning goh u yonboshiga, goh bu yonboshiga chopib oʻta boshladi. Uyurning hidi, biyalar sutining hidi, qulunlar hidi, dasht shamolining hidi uning boshini aylantirardi. Ustida bema’ni duxoba yostiqli besoʻnaqay egarning borligi, biqinlariga zilday uzangilarning shapatilab zaiflayotganligi bilan uning ishi yoʻq edi. U kecha suvligʻini chaynab, guvillab oʻtayotgan yuk mashinalaridan hurkib, tumandagi qator ot qoziqlarining birida turganligini unutgandi. Keyinroq sassiq ichimlikxona yonidagi koʻlmakda turganligi va uning yangi xoʻjayini oʻzining ulfatlari bilan chiqqanligi, hammasidan sassiq hid burqib taralganligini ham unutgandi. Yangi xoʻjayini pishillab, kekira-kekira unga mingandi. Yoʻlda ular loy kechishib ahmoqona poyga uyushtirganlarini, yangi xoʻjayinini qanday surib olib ketganligini va u egar ustida loʻkillab borganligini, keyin esa yuganni qattiq tortib, uning boshiga qamchi bilan tushira boshlaganini ham unutgandi.

Hammasini unutgandi saman yoʻrgʻa, hammasini. Uyurning hidi, biyalar sutining hidi, qulunlar hidi, dasht shamolining hidi uning boshini aylantirardi... Saman yoʻrgʻa chopib yurardi – orqasidan quvib kelayotganlarini fahmlamay chopib-elib yurardi.

Tanaboy yilqilarni avvalgi joyiga qaytargan edi hamki, ovuldan ikki otboqar kelib qoldi.

Ular Gulsarini podadan olib ketishdi.

Lekin koʻp oʻtmay u yana paydo boʻlib qoldi. Bu gal noʻxtasi ham, egari ham yoʻq edi. Bir amallab yuganni boshidan chiqarib tashlab, tunda otxonadan qochgandi. Tanaboy avval kulib yubordi, soʻng jimib qoldi va oʻylab turib, yoʻrgʻaning boʻyniga sirtmoq tashladi, oʻzi tutdi, oʻzi jilovlab, ovulga yetaklab ketdi, qoʻshni yaylovdagi yosh yilqiboqardan yoʻrgʻani orqadan haydab borishni iltimos qilmoqchi boʻldi. Yarim yoʻlda qochoq yoʻrgʻa ot ketidan kelayotgan otboqarlarni uchratdi. Gulsarini ularga topshira turib, Tanaboy hatto poʻngʻillab ham qoʻydi:

– Nima, u yoqda hamma qoʻlsizlar toʻplanganmisizlar, raisning otiga tuzukroq qaray olmaysizlar. Qattiqroq bogʻlanglar uni.

Gulsari uchinchi marta qochib kelganida, Tanaboyning hazilakamiga jahli chiqmadi:

– Nima qilyapsan, ahmoq! Qaysi jin seni bu yoqqa boshlab kelyapti? Ahmoqsanda, ahmoqsan, – soʻkinardi u sirtmoq bilan saman yoʻrgʻaning ketidan quvib. Yana uni qaytarib olib borib berdi va tagʻin otboqarlar bilan soʻkishishdi.

Lekin Gulsari aqlli boʻlishni xayoliga ham keltirmasdi, har gal qulay paytdan foydalanib qochib kelardi.

Otboqarlarning ham joniga tegdi, Tanaboyning ham.

...Oʻsha kun Tanaboy kech yotdi – yaylovdan kech qaytgan edi. Har ehtimolga qarshi, yilqilarni oʻtovga yaqin haydab keltirib qoʻydi-da, uxlab qoldi, uyqusi notinch boʻldi. Kun boʻyi juda charchagandi. Qanaqadir gʻalati tush koʻrdi – u yana urushda yuribdimi yo qayerdadir kushxonadami, anglash qiyin edi. Hamma yoq qon, qoʻllar ham yopishqoq qon edi. Tushga kirgan qon yaxshilikka boʻlmaydi, deb oʻylaydi tushida. Qoʻllarini biron yerda yuvib olmoqchi boʻladi. Lekin uni itarib tashlashadi, mazax qilib kulishadi, qah-qah urishadi, chinqirishadi, kimligini bilmaydi, birov deydi: «Tanaboy, qonga qoʻlingni yuvyapsan, qonga. Bu yerda suv yoʻq, Tanaboy, bu yerda hamma yoq qon! Ha-ha-ha, ho-ho-ho, hi-hi-hi!..»

– Tanaboy, Tanaboy! – yelkasidan silkirdi uni xotini. Tur oʻrningdan.

– A, nima?

– Eshityapsanmi, uyurda bir narsa boʻlayotganga oʻxshaydi. Aygʻirlar urishishyapti. Balki Gulsari yana qochib kelgandir.

– Padariga la’nat uning. Hech tinim yoʻq! – Tanaboy tez kiyindi, sirtmoqni oldi va allaqanday toʻs-toʻpolon boʻlayotgan pastlik tomon chopib ketdi. Tong yorishib qolgandi.

Chopib kelib Gulsarini koʻrdi. Lekin bunisi nima? Oyoqlariga temir kishanlar solingan yoʻrgʻa ot hakkalab yurardi. Oyoqlarida kishanlar jaranglaydi, gir aylanadi, oyoqlarini osmonga koʻtaradi, ingraydi, kishnaydi. Manavi kallavaram uyur aygʻiri boʻlsa uni bekordan-bekor tepyapti ham, tishlayapti ham.

– Hah, sen yirtqichni! – Tanaboy yelday uchib bordi, kallavaramni shunday urdiki, sirtmoqning bandi sinib ketdi. Haydab yubordi. Koʻzlaridan esa yosh chiqib ketdi. – Seni nima qilishibdi-ya? Kim oyogʻingga kishan soldi-ya! Nega bu yoqqa sudralib kelding, badbaxt tentak?..

Buni qarang – shunday uzoq joydan, daryodan soylikka, doʻngliklardan bu yergacha kishanda hakkalab kelib, yilqilarga axir yetib olibdi. Tun boʻyi, ehtimol, sakrab sakrab yurib kelgandir. Qochqin katorgachiday yakka oʻzi kishanni jarang-jurunglatib yoʻl yurgandir.

«Qoyil-e! – boshini chayqadi Tanaboy. Saman yoʻrgʻani silab-siypay boshladi, yuzini uning lablariga tutdi. U boʻlsa sekin-asta labini qimirlatar, koʻzlarini chala yumib qisardi.

– Nima qilamiz endi, a? Bu qiligʻingni tashlasang boʻlardi, Gulsari, oxiri baxayr boʻlmaydi. Tentaksan sen, tentaksan. Hech narsani bilmaysan...

Tanaboy saman yoʻrgʻani koʻzdan kechirib chiqdi. Tishlangan yerlar bitib ketishi mumkin. Ammo kishan oyogʻini qattiq shilib tashlabdi. Toʻpiqlaridan qon oqayotgandi. Kishanga qoplangan kigizga kuya tushib, chirib ketgan ekan, suvdan hakkalab oʻtganida kigiz tushib ketib, temiri ochilib qolibdi. Ana shu uning oyoqlarini qonga belabdi. «Hoynahoy Ibrohim kishanni chollardan topgan boʻlsa kerak. Bu uning ishi», gʻazab bilan oʻyladi Tanaboy. Kimniki boʻlardi boshqa? Kishan eskilardan qolgan. Har bir kishanning alohida maxsus qulfi boʻladi, kalitsiz ocha olmaysan. Ilgarilari ot oʻgʻrilari yaylovlardan haydab ketib qolmasliklari uchun eng yaxshi otlarning oyoqlarini kishanlab qoʻyishardi. Oddiy arqon tushovni pichoq bilan kessang bas, kishanlangan otni esa olib keta olmaysan. Ammo bunday voqealar qachonlardir boʻlardi, hozir esa kishan kamyob narsa boʻlib qoldi. Oʻtmishdan xotira sifatida bironta cholda saqlanib qolgan chiqar... Lekin mana bunisini qarang, hoynahoy, kimdir aytgan boʻlsa kerak shunday qilish kerak deb. Ovul yaylovidan uzoqqa ketib qolmasligi uchun saman yoʻrgʻani kishanlab qoʻyishibdi. U boʻlsa baribir qochib kelibdi...

Butun oila bir boʻlib Gulsarining oyogʻidan kishanni yechib olishdi. Jaydar jilovidan ushlab, yoʻrgʻaning koʻzini bekitib turdi, qizlari atrofda oʻynab yurishardi, Tanaboy boʻlsa, hamma asboblarini keltirib, qulfni ochishga kalit tanlash bilan ovora boʻlib terlab-pishib ketgandi. Temirchilik malakasi, uquvi yarab qoldi, uzoq pishillab urindi, qoʻllari shilinib ketdi, lekin baribir yoʻlini topib ochdi.

Kishanni uloqtirib tashladi. Yoʻrgʻaning oyoqlaridagi qon oqayotgan joylarga malham qoʻydi. Jaydar uni otqoziqqa bogʻlagani olib ketdi. Katta qizi singlisini orqasiga opichib olib, ular ham uyga yoʻl olishdi.

Tanaboy boʻlsa hamon hansirab, pishillab oʻtirardi, u qattiq charchagandi. Keyin asboblarni yigʻishtirib, yerdan kishanni oldi. Qaytarib berish kerak, boʻlmasa yana javob berishga toʻgʻri keladi. Zanglagan kishanni tomosha qila turib, ustaning ishiga qoyil qoldi. Hamma tomoni joyida, aql ishlatib yasalgan edi. Keksa qirgʻiz temirchilarnning ishi. Ha, bu hunar endi yoʻqolgan, umrbod unutilgan. Kishanlar endi kerakmas. Ammo boshqa buyumlarning yoʻqolganiga afsuslanasan kishi. Kumushdan, misdan, yogʻochdan, teridan qanday bezaklar, qanday asbob-anjomlar yasashardi-ya! Qimmat ham emasdi, lekin goʻzal buyumlar edi. Har birining oʻziga xos goʻzalligi bor edi. Endi bunaqalar yoʻq. Eidi hamma narsani – krujkalar, laganlar, qoshiqlar, ziraklar va togʻorachalarini alyumindan yasashadi – qayoqqa borsang, hamma yerda bir xil narsa, joningga tegib ketadi. Egarsoz ustalarning ham eng oxirgilari qoldi. Qanaqa egarlar qila olishardi-ya! Har bir egar oʻz tarixiga ega edi: kim, qachon, kim uchun va oʻz mehnati qanday taqdirlangani ma’lum edi. Yaqinda hamma xuddi u yoqda, Yevropadagidek, mashinada yuradigan boʻlsa kerak. Hammasiniki bir xil mashina, faqat nomerlaridan ajratasan, xolos. Bobolar hunarini esa unutib yuboryapmiz. Qadimiy qoʻl hunarini yoʻqotdik, holbuki, inson qalbi ham, koʻzi ham qoʻllarda...

Goho Tanaboyni shunday xayollar chulgʻab olardi. Xalq hunari haqidagi mulohazalarga berilib ketardi, u yoʻqolib ketayotganligi uchun kimni ayblashni bilmay kuyib-pishar, gʻazablanardi. Holbuki, oʻzi ham yoshligida qadimdan meros qolgan narsalarimizning shunday goʻrkovlaridan biri boʻlgandi. Bir kuni hatto komsomol yigʻilishida oʻtovlarni tugatish haqida nutq ham soʻzlagandi. Kimdandir oʻtovlar yoʻqotilishi kerakligini, oʻtov – inqilobdan oldingi turar joy ekanligini eshitgandi. «Bitsin oʻtov! Eskichasiga yashashni bas qilaylik».

Oʻtovni ham «quloq qilishdi». Uylar qura boshlashdi, oʻtovlar esa sindirib tashlandi. Kigizlarni ham qirqib boshqa narsalarga kerak qildilar, yogʻochlari keraga, changʻoroqlari hovli devorlariga, mollar uchun qoʻralarga ishlatildi, hatto oʻchoqqa yoqildi...

Keyin ma’lum boʻlishicha, oʻtovlarsiz uzoq yaylovlarda chorvachilik qilib boʻlmas ekan. Endi Tanaboy bunday soʻzlarni aytishga ogʻzi qanday borganligiga, koʻchma chorvachilik uchun hali oʻtovdan durustroq boshqa hech narsa oʻylab topilmaganligiga qaramay, uni nega qoralaganiga oʻzi ham hayron qolardi. Har bir kichik boʻlagi ajdodlarning asriy tajribasidan oʻtgan oʻtov oʻz xalqining ajoyib kashfiyoti ekanligini u qanday qilib koʻra olmadiykin?

Endi u qari Toʻrgʻaydan qolgan ilma-teshik, is bosgan oʻtovda yashardi. Oʻtov juda eski edi, faqat Jaydar benihoya sabr-toqatlik boʻlgani uchun undan foydalanib kelayotgan edilar. U bir necha kunlab oʻtovni yamab-yasqar, yashab boʻladigan holga keltirar, bir-ikki haftadan soʻng esa chirik kigiz yana sitilib ketar, yana teshiklar koʻrinib qolar, shamol gʻuvillab kirar, qor kirar, yomgʻir oʻtar edi. Tagʻin ayol tikish-yamashga kirishardi, bu ishning poyoni koʻrinmasdi.

– Qachongacha azob chekamiz? – zorlanardi u, – qara, kigiz emas bu – kukun, toʻkilib-sochilib ketyapti. Keragasi bilan uvuqlari nimaga oʻxshab qoldi! Aytgani uyalasan. Sen loaqal bizga yangi kigizlar olsangchi. Uyning egasimisan yo yoʻqmi? Axir biz ham odamga oʻxshab yashashimiz kerak-ku...

Tanaboy avvallari uni yupatib, va’da qilib yurdi. Ovulda oʻziga yangi oʻtov oʻrnatib berishlari zarurligi haqida ogʻiz ochganida esa keksa ustalar allaqachonlar oʻlib ketishgani, yoshlar boʻlsa ularni qanday yasash toʻgʻrisida tasavvurga ham ega emasligi ma’lum boʻlib qoldi. Oʻtovlar uchun kolxozda kigizlar ham yoʻq edi.

– Boʻlmasa jun beringlar, oʻzimiz kigiz bostirib olamiz, – iltimos qildi Tanaboy.

– Qanaqa jun! – deyishdi unga. – Sen nima, osmondan tushdingmi? Junning hammasi plan boʻyicha sotilyapti, xoʻjalikda bir gramm ham qoldirish mumkin emas... Soʻng oʻtov oʻrniga brezent chodirni taklif qilishdi.

Jaydar qat’iyan rad etdi:

– Chodirda yashagandan koʻra yirtiq-yamoq oʻtovda yashagan yaxshiroq.

Koʻpgina chorvadorlar bu vaqtda chodirlarga koʻchib oʻtishga majbur boʻlishgandi. Ammo bu oʻzi qanaqa turar joy? Na turib yura olasan, na oʻtira olasan, na olov yoqasan? Yozda haddan tashqari isib ketadi, qishda esa it ham sovugʻiga chiday olmaydi. Na buyumlarni joylashtira olasan, na oʻchoq qura bilasan, na chiroyliroq qilib bezata olasan. Mehmonlar kelib qolsa qayoqqa joylashtirishni bilmay qolasan.

– Yoʻq-yoʻq! – deb bosh tortdi Jaydar.– Nima qilsang qilginu lekin men chodirda yashamayman. Chodir boʻydoqlar uchun, u ham boʻlsa vaqtinchalikka, bizning esa bola-chaqamiz bor. Ularni choʻmiltirish kerak, tarbiyalash kerak, yoʻq, yashamayman.

Bir kuni Tanaboy Choroni uchratib qoldi. Hamma gapni soʻzlab berdi.

– Bu yogʻi nima boʻladi, rais?

Choro gʻamgin bosh chayqadi:

– Bu haqda biz ikkimiz oʻz vaqtida oʻylashimiz kerak edi. Yuqoridagi rahbarlarimiz ham. Hozir boʻlsa xatlar yozyapmizu, nima deyishlarini bilmaymiz. Jun – qimmatbaho xomashyo, kamyob narsa deyishadi. Eksport qilinadi. Ichki xoʻjalik ehtiyojlariga sarflash – maqsadga muvofiq emasmish.

Shundan keyin Tanaboy jimib qoldi. Demak, qisman oʻzi ham aybdor. Oʻzining tentakligidan un chiqarmay kula boshladi: «Maqsadga muvofiq emas! Ha-ha-ha! Maqsadga muvofiq emas!»

Bu «maqsadga muvofiq emas» degan ogʻir soʻz uzoq vaqtgacha xayolidan ketmadi.

Shunday qilib, ular tuzatib olish uchun oddiygina jun zarur boʻlgan, qirq yamoq boʻlib ketgan eski oʻtovda yashayverishdi. Bu jun deganini esa kolxoz otarlaridan tonnalab qirqishar edi...

Tanaboy qoʻlida kishan ushlaganicha oʻz oʻtovi oldiga keldi. U shu qadar gʻaribona koʻrinib ketdiki, hamma narsaga – oʻziga ham, saman yoʻrgʻaning oyoqlarini qonatgan manavi kishanga nisbatan ham gʻazabi shunchalik oshib-toshib ketdiki, hatto tishlarini gʻijirlatib qoʻydi. Shunday gʻazabi qoʻzib turgan paytda Gulsarining ketidan otboqarlar kelib qolsa boʻladimi.

– Olib ketinglar, – baqirdi ularga Tanaboy. Gʻazabdan lablari ucha boshladi. – Manavi kishanni esa raisga beringlar, aytinglarki, agar u saman yoʻrgʻani yana kishanlaydigan boʻlsa, men mana shu kishan bilan uning boshini majaqlab tashlayman. Shunday deb aytinglar!..

U bekorga bunday dedi. Uff, bekorga! Uning bu qiziqqonligi va dangalligi unga hech qachon yaxshilik keltirmagandi...


IX

Yorugʻ, oftob charaqlab turgan kun edi. Bahor quyoshga boqib koʻzini suzar, bargaklardan soch taqib bezanar, shudgorlardan bugʻ chiqarar va soʻqmoqlarda naq oyoq ostida maysa-oʻtlar barq urib yashnardi.

Otxona oldida bolalar chillak oʻynashardi. Bola chillakni osmonga uloqtirib yuboradi-da, poylab turib uni chillak sopi bilan qulochkashlab urib uchirib yuboradi. Oraliqni chillak sopi bilan oʻlchay boshlaydi – bir ikki, uch... yetti... oʻn... oʻn besh... Injiq hakamlar anavi gʻirromlik qilmasligi uchun uning orqasidan gala-gala boʻlishib kuzatib borishadi. Yigirma ikkita.

– Avval yetmish sakkiz edi, endi yigirma ikki, – hisoblaydi bola va yakunlab boʻlgach, shodligini ichiga sigʻdirolmay qichqirib yuboradi: – Yuz! Yuz boʻldi!

– Ura-a-a yuz! – deb boshqalar ham qoʻshilishadi. Demak, naq moʻljalni urgan. Ortiq ham emas, kam ham.

Endi yutqizgan «zuv»lashi kerak. Gʻolib ganakka – marra chizigʻiga boradi-da, u yerdan chillak otadi. Yanada uzoqroqqa tushadigan qilib otadi. Hamma chillak tushgan joyga qarab chopadi, u yerda chillakni yana bir bor uradi, shu tarzda uch marta uriladi. Yengilgan bolaning yigʻlashiga sal qoladi – u shunchalik uzoq yerga «zuv» deb borishi kerak! Lekin oʻyin qonuni qat’iy. «Nega turibsan, qani zuvla!» chuqur nafas olib:

Oyboy, Koʻkboy,

Buzoqlarni haydama.

Haydasang-u yetmasang,

Bolalarga aytaman – zu-u-u-uv...

deb gapirib chopib ketadi.

Boshi tirsillab yorilib ketay deydi, lekin u baribir «zuv» deb ketaveradi. Ammo chiziqqacha yetkaza olmaydi. Orqaga qaytib, yana boshqadan boshlash kerak. Yana yetkaza olmaydi. Gʻolib tantana qiladi. Nafasing yetmayaptimi – opichib obor! U zuvlovchiga opichib oladi, unisi boʻlsa buni eshakday mingashtirib boradi.

– Qani, tezroq, ildamroq yur! – oyogʻi bilan niqtaydi minib olgan. – Bolalar, qaranglar, bu mening Gulsarim. Qara, u qanday yoʻrgʻalab boryapti...

Gulsari boʻlsa devor ortida, otxonada turgandi. Toliqqandi. Negadir bugun uni egarlashmadi ham. Ertalabdan beri yem-xashak ham berishmadi, sugʻorishmadi ham. Esdan chiqarib yuborishdi shekilli. Otxona allaqachon boʻshab qoldi, aravalarni olib ketishdi, otliqlar tarqalib ketishdi, otxonada uning birgina oʻzi qoldi.

Otboqarlar otxonani tozalayapti. Bolalar devor orqasida qiy-chuv koʻtarishyapti. Yilqilarning oldiga, choʻlga borsang hozir! Keng yalangliklar koʻziga koʻrinib ketdi, bepoyon choʻlda yilqilar qanday daydib yurganligini koʻz oldiga keltirdi. Kulrang gʻozlar ular ustidan uchib oʻtishyapti, qanotlarini qoqishyapti, oʻz orqalaridan ergashishga chorlashyapti...

Gulsari bir silkindi, arqonni uzishga urinib koʻrdi. Yoʻq, qoʻshqavat zanjir bilan uni mahkam bogʻlab qoʻyishibdi. Ehtimol, oʻzinikilar eshitib qolar? Gulsari derazaga kallasini choʻzib, oyoq ostidagi taxtani tepib: «Qaydasizla-a-ar?..» degandek boʻgʻiq ovozda kishnab yubordi.

– Ovozingni oʻchir, shayton, kuning bitdi! – sapchib kelib unga belkurakni oʻqtaldi otboqar! Soʻng eshik orqasidagi allakimga murojaat qilib qichqirdi:

– Olib chiqaymi?

– Olib chiq! – javob berishdi hovlidan.

Ikki otboqar yoʻrgʻani hovliga olib chiqishadi. Uh, muncha ham yorugʻ! Havo qanday yaxshi! Saman yoʻrgʻaning nozik burun parraklari koʻklamning sarxush etuvchi havosidan titray boshladi. Barglardan achchiqroq bir is tarqalyapti, nam tuproq isi kelyapti. Tanda qon qaynayapti. Qani endi chopib ketsang-a hozir. Gulsari yengilgina sakradi.

– Tek, tek! – birdaniga bir necha ovoz uni toʻxtatib qoʻydi.

Nega bugun uning atrofida odamlar bunchalik koʻp? Yenglari qayirilgan, qoʻllari baquvvat, jundor. Kulrang xalatli bittasi oq lattaga qanaqadir yaltiroq temir buyumlarni terib qoʻymoqda. Ular quyosh nuri ostida koʻzlarni qamashtiradigan darajada yaltiraydi. Boshqalari arqon ushlab turishibdi. Iye, yangi xoʻjayini ham shu yerda-ku! Keng galifedagi semiz oyoqlarini kerib gerdayib turibdi. Hammaniki kabi uning ham qoshlari uyulgan, faqat yenglari shimarilmagan. Bir qoʻlini beliga tirab olgan. Ikkinchisi bilan kitelidagi tugmalarini aylantirib oʻynamoqda. Kecha undan yana oʻsha sassiq hid anqigandi.

– Xoʻsh, nega qarab turibsizlar, boshlanglar! Boshlasinlarmi, Joʻraqul Aldanovich! – murojaat qiladi raisga Ibrohim. U indamay bosh silkiydi.

– Qani boshlanglar! – Ibrohim shoshib-pishib, otxona darvozasidagi mixga tulki teri telpagini osadi. Telpak goʻng ustiga dumalab tushib ketadi. Ibrohim jirkanib uni qoqib-silkib, yana osib qoʻyadi. – Siz sal chekkaroqqa borib tursangiz boʻlardi, Joʻraqul Aldanovich, – deydi u. – Tagʻin, kim bilsin, tuyogʻi tegib ketishi ham mumkin. Ot – ahmoq maxluq, shikast yetkazishi mumkin.

Boʻynidagi qil arqonni his etgach, Gulsari bir seskanib tushdi. Tikanday arqon. Arqonni sirgʻaluvchi sirtmoq qilib koʻkragi ustidan bogʻlashdi, uchini tashqariga, yonboshiga uloqtirib tashlashdi. Nima kerak ularga? Negadir arqonni orqa oyogʻiga solib, toʻpigʻidan oʻtkazishyapti, oyoqlarini tushovlashyapti. Gulsari asabiylasha boshlaydi, pishqiradi, koʻzini ola-kula qiladi. Nima qilganlari bu?

– Tezroq! – shoshirdi Ibrohim va kutilmaganda ingichka ovoz bilan chiyillab yubordi: – Yiqit!

Ikki juft baquvvat jundor qoʻl arqonni zarb bilan oʻzlari tomonga tortadi. Gulsari ildizi qirqilgan daraxtday yerga gursillab yiqilib tushadi. Quyosh gir aylanib ketadi, zarbdan yer gumburlaydi. Bu nimasi? Nega u yonboshlab yotibdi? Nega odamlarning yuzlari yuqori tomon gʻalati choʻzilib ketgan, nega daraxtlar balandga koʻtarilgan? Nega u yerda bunday noqulay vaziyatda yotibdi? Yoʻq, bunaqasi ketmaydi.

Gulsari kallasini koʻtarib bir silkindi, butun tanasi bilan qoʻzgʻalishga harakat qildi. Arqonlar uning oyoqlarini qorniga tortib, terisiga botib ketdi. Saman yoʻrgʻa ijirgʻanib, bogʻlanmagan bitta orqa oyogʻini jon-jahdi bilan siltay boshladi. Arqon tortildi, chirsilladi.

– Ustiga tashlan, bos, ushla! – tipirchilab qoldi Ibrohim.

Hamma otga tashlandi, tizzalari bilan bosishdi.

– Boshini, boshini yerga bosinglar! Bogʻla! Tort! Ha, shunday. Tezroq boʻlsanglar-chi! Mana bu yeridan yana bir oʻtkaz. Tort, yana bir tort, tagʻin. Ha balli. Endi bu yeridan ilintir, tugun qilib bogʻla! – tinmay chiyillardi Ibrohim.

Saman yoʻrgʻaning oyoqlarini arqon bilan tobora siqishib, to hammasi qattiq bir tugun boʻlib yigʻilmagunicha tortaverishdi.

Gulsari oyoqlarini chirmab olgan arqondan qutulish uchun hamon urinib, boʻyni va kallasiga oʻtirib olganlarni itqitib tashlardi. Ogʻriqdan qattiq ingrab yubordi. Lekin odamlar uni tagʻin tizzalari bilan bosa boshladilar. Yoʻrgʻaning terga botgan tanasi changak boʻlib, tomirlari tortishib, oyoqlari uvushib qoldi. Shunda u taslim boʻldi.

– Uff, nihoyat!

– Xoʻp kuchi bor ekan-da!

– Hatto traktorday kuchi boʻlganida ham endi u qimir eta olmaydi!

Shunda yiqilgan saman yoʻrgʻa yoniga yangi xoʻjayinning oʻzi yugurib kelib, uning bosh tomonida choʻqqayib oʻtirib oldi, kechagi aroqning hidi gup etib anqidi va goʻyo uning oldida ot emas, balki odam – uning ashaddiy dushmani yotganday oshkora nafrat va tantana bilan tirjaydi.

Terlab-pishib ketgan Ibrohim roʻmolchasi bilan artina-artina uning yoniga oʻtirdi. Rais ikkalasi yonma-yon oʻtirishib, bundan keyin yuz berishi lozim boʻlgan hodisani kutib papiros chekishdi.

Hovlining orqasida esa bolalar chillak oʻynashardi:

Okboy, Koʻkboy,

Buzoqlarni haydama.

Haydasang-u yetmasang,

Bolalarga aytaman – zu-u-u-u...

Quyosh hamon ilgarigiday nur sochardi. Yoʻrgʻa soʻnggi marta poyonsiz dashtni koʻrib turgandi, u yerlarda yilqilar erkin holda qanday daydib yurganligini koʻrayotgandi. Ular ustidan kulrang gʻozlar uchib oʻtishyapti, qanotlarni qoqishyapti, oʻz orqalaridan ergashishga chorlashyapti... Gulsarining tumshugʻiga esa pashshalar yopishib olgan. Hayday olmaydi.

– Boshlaymizmi, Joʻraqul Aldanovich! – tagʻin soʻradi Ibrohim. Unisi indamay bosh silkidi. Ibrohim oʻrnidan turdi.

Hamma yana harakatga keldi, yopirilib, bogʻlangan yoʻrgʻani tizzalari va koʻkraklari bilan bosishdi. Uning kallasini yerga yanada qattiqroq niqtashdi.

Bolalar devor ustiga chiqib chumchuqlarday tizilib olishdi.

– Qaranglar, bolalar, qaranglar, nima qilishyapti.

– Saman yoʻrgʻaning tuyoqlarini tozalashyapti.

– Ja bilarkansan-da, tuyoqlarinimish! Hech-da.

– Hey, nima bor sizlarga bu yerda, qani, joʻnab qolinglar! – ularga qoʻl siltadi Ibrohim. – Boringlar, oʻynanglar. Tez.

Bolalar devordan sirgʻalib tushib ketishdi.

Atrof jimjit boʻlib qoldi.

Gulsari turtki va muzday bir narsaning tegishidan gʻujanak boʻlib qoldi. Yangi xoʻjayini esa uning oldida choʻqqayib oʻtirar, termilib nimanidir kutar edi. Birdan kuchli ogʻriqdan yoʻrgʻaning koʻzlarida oʻt chaqnab ketdi. Voh! Qizgʻish alanga yalt etib yondi-yu, darrov hamma yoqni qorongʻilik bosdi.

Hamma ish bitganida ham Gulsari hamon bogʻlogʻliq yotardi. Qon tinguncha boʻshatmaslik kerak edi uni.

– Xoʻsh, mana Joʻraqul Aldanovich, hammasi joyida, – dedi Ibrohim qoʻllarini ishqalab. – Endi u hech qayoqqa chopib keta olmaydi. Chopib boʻpti endi. Tanaboyga esa parvo qilmang. Tuf deng. U hamma vaqt shunaqa boʻlgan. U oʻz akasini ham siylamagan – quloq qilgan, Sibirga yuborgan. U kimga yaxshilik istaydi deysiz...

Ibrohim xursand boʻlib mixdan tulki teri telpagini oldi, uni silkib qoqdi, silab-siypadi va terlagan boshiga kiydi.

Bolalar esa hamon chillak oʻynashardi:

Oqboy, Koʻkboy...

..... zu-u-u-u.

– Ha-ha, yeta olmadingmi, qani engash. Chuh, Gulsari, olgʻa! Ura-a-a, bu mening Gulsarim! Serquyosh, yorugʻ kun edi...


X

Tun. Yarim tun. Keksa odam bilan qari ot. Jarlik yoqasida gulxan yonmoqda. Olov shamolda goh pasayadi, goh kuchayadi...

Muzlagan qattiq yer saman otning biqinini muzlatadi. Boʻynini choʻyanday ogʻir narsa bosib turganday, kishanlangan oyoqlar bilan hakkalab yurgan paytidagiday kallasini goh yuqoriga koʻtarib, goh pastga tushurishdan charchadi. Gulsari oʻsha vaqtdagiday yelib-yugurib chopa olmaydi. Zanjir kishanlarni uzib tashlay olmaydi. Chopganida tuyoqlaridan oʻt chaqnashi uchun oyoqlarini erkin tashlashni istaydi, koʻkrak qafasini toʻldirib-toʻldirib nafas olish uchun yer uzra parvoz qilgisi keladi, yilqilarni chorlab ovozi boricha kishnash uchun, biyalar va qulunlar u bilan birga bepoyon yavshonzor dasht boʻylab chopib yurishlari uchun yaylovga tezroq yelib borgisi keladi, lekin kishanlar yoʻl qoʻymaydi. Zanjirlarning jarang-jurungi ostida u qochoq katorgachi singari hakkalab boradi. Hamma yoq huvillagan, qop-qorongʻi, oʻzi yakka-yu yolgʻiz. Shamol yelib turgan osmonda miltillab oy koʻrinadi. Saman ot hakkalab yurib kallasini osmonga koʻtarganida koʻz oldida oy gavdalanadi, kallasini yerga osiltirganida u toshdek dumalab tushadi.

Goh yorugʻ, goh qorongʻi, goh yorugʻ, goh qorongʻi... Qarayverib koʻzlar toliqdi.

Zanjirlar jaranglaydi, oyoqlar qonga belanadi. Sakraydi, tagʻin sakraydi, tagʻin. Hamma yoq boʻm-boʻsh, qop-qorongʻi. Kishanda uzoq yurish kerak, kishanda yurish muncha ham qiyin.

Jarlik yoqasida gulxan yonmoqda. Sovuq, qattiq yer saman otning biqinini muzlatadi...

XI

Ikki haftadan keyin yaylovga, yana togʻlarga koʻchish kerak edi. Butun yoz boʻyi, butun kuz va qish boʻyi, kelgusi bahorga qadar shu yoqda boʻlish kerak. Bir uydan ikkinchi uyga koʻchish naqadar mushkul! Shuncha ashqol-dashqol qayoqdan yigʻilarkin? Shuning uchun ham qirgʻizlar qadimdan: kambagʻal boʻlsang, koʻchib koʻr, deyishadi.

Koʻchishga hozirlanish kerak, bir dunyo har xil ishlarni qilish – tegirmonga, bozorga, etikdoʻzga, internatga oʻgʻlining oldiga borib kelish kerak... Tanaboy boʻlsa boʻkkan nonday boʻshashib yurardi. Oʻsha kunlari u xotiniga juda gʻalati koʻrindi. Gaplashishga ham ulgurmaysan: erta turib yilqilar oldiga ketib qoladi. Tushga tomon qovoqlarini osib, asabiylashib qaytib keladi. Bir narsani kutganday, doim quloqlari ding.

– Senga nima boʻldi? – deb surishtirardi Jaydar. U indamasdi, bir kuni esa ochilib gapirdi:

– Yaqinda yomon tush koʻrdim.

– Mendan qutulish uchun shuni oʻylab topdingmi?

– Yoʻq, chindan ham. Miyamdan ketmayapti oʻsha tush.

– Shu kunga qoldikmi? Ovuldagi Xudosizlarning boshligʻi sen emasmiding? Kampirlar seni qargʻashmasmidi? Qarib boryapsan, Tanaboy, hamma gap shunda, yilqilarning oldidan aylanib ketmaysan, yaylovga koʻchish vaqti juda yaqin qolganligi parvoyingga ham kelmaydi. Axir mening bir oʻzim bolalarni eplashtira olamanmi? Loaqal Choroni koʻrib kelsang boʻlardi. Obroʻli odamlar koʻchish oldidan kasallarni koʻrib kelishadi.

– Ulguraman, – qoʻl siltadi Tanaboy, – keyin.

– Keyin, qachon? Sen, nima, ovulga borishga qoʻrqasanmi? Ertaga birga boramiz. Bolalarni olamiz-da, ketamiz. Men ovulga borib kelishim kerak.

Yosh qoʻshnilariga yilqilarni topshirib, ertasi kuni butun oila otlarga minishib joʻnashdi. Jaydar kichik qizi bilan, Tanaboy kattasi bilan. Bolalarni egarlarning oldiga oʻtqizib borishardi.

Ovul koʻchalaridan oʻtishardi, yoʻlda uchraganlar va tanish-bilishlari bilan salomlashishardi. Temirchilik ustaxonasi oldida esa Tanaboy birdan otini toʻxtatdi.

– Toʻxta, – dedi u xotiniga. Egardan tushdi va katta qizini xotini mingan otning sagʻrisiga mingazdi.

– Senga nima boʻldi? Qayoqqa?

– Men hozir qaytaman, Jaydar. Sen ketaver, Choroga ayt, men tezda yetib boraman, idorada shoshilinch ishlar bor, tushlikkacha yopilib qoladi. Ustaxonaga ham lip etib kirib chiqaman. Koʻchish oldidan taqalarni saranjomlab qoʻyish kerak.

– Oldinma-keyin borishimiz yaxshi emas-ku.

– Hechqisi yoʻq, hechqisi yoʻq. Sen ketaver. Men hozir...

Na idoraga, na ustaxonaga kirdi Tanaboy. U toʻppa-toʻgʻri otxonaga qarab yoʻl oldi.

Otdan tushib, hech kimni chaqirmay bir oʻzi otxonaga kirdi. Koʻzlari qorongʻilikka koʻnikkunicha tomogʻi qaqrab ketdi. Otxona boʻm-boʻsh va jimjit edi, hamma otlar minib ketilgan edi. U yoq-bu yoqqa qarab olgach, Tanaboy yengil nafas oldi. Otboqarlardan birontasini koʻrish uchun yon eshikdan otxona hovlisiga chiqdi. Shunda u bu yerda soʻnggi kunlargacha koʻrishdan qoʻrqib yurgan narsasini koʻrdi.

– Shundaydir deb oʻylovdim, ablahlar! – dedi u sekin mushtlarini qisib.

Dokaga oʻralgan dumi arqon bilan boʻyniga bogʻlab qoʻyilgan Gulsari bostirma tagida turardi. Kerilgan orqa oyoqlari orasida kattaligi koʻvachaday keladigan, yalligʻlangan tarang shish qorayib koʻrinardi. Ot ohur ustida kallasini osiltirib qimir etmay turardi. Tanaboy lablarini tishlab ingrab yubordi, yoʻrgʻaning yoniga bormoqchi boʻldi-yu, lekin jur’at eta olmadi. Uni vahima bosdi. Boʻm-boʻsh otxona, huvillagan hovli va bichib tashlangan yakkayu-yolgʻiz yoʻrgʻa otni koʻrib vahimaga tushdi. U ortiga qayrildi va indamay nari ketdi. Tuzatib boʻlmaydigan ish sodir boʻlgan edi.

Ular kechqurun oʻz oʻtovlariga qaytib kelishganlarida Tanaboy xotiniga xasrat bilan dedi:

– Tushim oʻngidan keldi.

– Nima boʻldi?

– Mehmondorchilikda bu haqda gapirib oʻtirmadim. Gulsari endi qochib kelmaydi. Uni nima qilishganini bilasanmi? Bichishibdi, padar la’natlar!

– Bilaman. Shuning uchun ham seni ovulga sudradim. Buni bilishdan qoʻrquvdingmi sen? Nimasidan qoʻrqasan? Kichkina emassan-ku, axir! Otlarni axir birinchi va oxirgi marta bichishyaptimi? Azaldan shunaqa boʻlgan, bundan keyin ham shunday boʻladi. Bu axir har bir kishiga ma’lum-ku.

Tanaboy bunga javoban hech narsa demadi. Faqat:

– Yangi raisimiz nazarimda yomon odamga oʻxshaydi. Koʻnglim sezib turibdi, – deb qoʻydi.

– Qoʻysang-chi bu gaplaringni, Tanaboy, – dedi Jaydar. – Sening yoʻrgʻa otingni bichgan boʻlishsa, darrov rais yomon boʻlib qoldimi. Nega unday deysan? U yangi odam boʻlsa. Xoʻjalik katta, uni boshqarish qiyin. Ana Choro, endi kolxozlarning ahvolini oʻrganishadi, yordam berishadi, deb aytyapti-ku. Qanaqadir rejalar tuzayotgan emishlar. Sen boʻlsang hamma narsa haqida eldan burun hukm chiqarasan. Biz axir koʻp narsalarni bilmaymiz-ku...

Kechki ovqatdan soʻng Tanaboy uyurga joʻnadi va to kun yarmiga qadar u yerda qolib ketdi. U oʻzini koyirdi, hamma narsani unutishga oʻzini majbur etar, lekin kunduzi otxonada koʻrgani miyasidan ketmasdi. U yilqilarni aylanib choʻl kezarkan oʻylardi: «Ehtimol, rostdan ham bir odam haqida bunday fikr yuritish kerak emasdir? Bu bema’nilik, albatta. Ehtimol, qarib borayotganligimdan, yil – oʻn ikki oy yilqilarning ketidan yurganligimdan, hech narsani koʻrmayman, bilmayman. Ammo qachongacha shunchalik ogʻir hayot kechirish mumkin?.. Nutqlarga quloq solsang – goʻyo hamma narsa yaxshilanib ketayotganday. Xoʻp, mayli, men yanglishyapman, deylik. Xudoyo men yanglishayotgan boʻlay. Lekin boshqalar ham ehtimol shunday oʻylashayotgandir... Tanaboy choʻlda aylanib yurib, bosh qotirar, biroq oʻzining shubhalariga javob topa olmas edi. Shunda oʻzlarining bir vaqtlar qanday qilib kolxoz tuza boshlaganliklari, xalqqa baxtli turmush va’da qilganliklari, hammaning qanday orzu-istaklari boʻlganligi esiga tushib ketardi. Oʻsha orzularning roʻyobga chiqishi uchun qanday kurashishdi! Hamma narsani agʻdar-toʻntar qilib tashlashdi, eskilikka zarba berishdi. Dastlabki paytlar turmush yomon emasdi. Agar manavi la’nati urush boʻlmaganida yana ham yaxshiroq yashashgan boʻlishardi. Endi-chi? Urushdan keyin necha yil oʻtib ketdi-yu, hamon xoʻjalikni eski oʻtovday yamab-yasqab yotibmiz. Bir joyini yamasang, boshqa joyidan yirtigʻi koʻrinib qoladi. Nima uchun? Nima uchun kolxoz oʻsha paytdagiday oʻzingniki emas, goʻyo begona – yotday? Oʻsha davrda yigʻilish nima qaror qilsa qonun boʻlardi. Qonunni oʻzlari qabul qilishganlarini va uni bajarish kerakligini bilishardi. Endi esa yigʻilish quruq gapdan iborat boʻlib qoldi. Sen bilan hech kimning ishi yoʻq. Kolxozni goʻyo kolxozchilarning oʻzlari emas, kimdir tashqaridan boshqarayotganday. Goʻyo nima qilish, qanday ishlash, xoʻjalikni qanday olib borish kerakligi sirtdan yaxshiroq koʻrinadiganday. Xoʻjalikni goh unday, goh bunday aylantirib koʻrishadi, lekin hech qanday natija yoʻq. Odamlar bilan uchrashgani ham qoʻrqasan: «Qani, aytchi, sen partiya a’zosisan, kolxoz tuza boshlaganimizda hammadan koʻp sen tomogʻingni qirgansan, bu narsalar qanday yuz berayotganligini bizga tushuntirib ber-chi?» deb soʻrab qolishlari mumkin. Nima deysan ularga? Loaqal bir joyga yigʻilishib, nimalar boʻlayotganligini soʻzlab berishsa ham mayli edi. Kimning koʻnglida nimalar borligini, qanaqa fikrlar, qanaqa tashvishlar borligini soʻrashsa edi. Tumandan kelayotgan vakillar ham negadir avvalgilariga oʻxshamaydi. Ilgari vakil xalqqa aralashardi, hammaga yaqin edi. Endi esa keldi deguncha idorada raisga baqirib-chaqiradi, qishloq kengashi bilan mutlaqo gaplashmaydi ham. Partiya yigʻilishida soʻzga chiqsa, koʻproq xalqaro ahvol haqida gapiradi, kolxozdagi ahvol esa goʻyo unchalik muhim emasday. Ishlanglar, planni bajaringlar, vassalom...

Tanaboy yaqinda bu yerga bir odam kelganligi, til haqidagi qandaydir ta’limot toʻgʻrisida tinmay gapirganligini esladi. Tanaboy kolxozning turish-turmushi haqida gap ochmoqchi boʻluvdi, koʻzi ola-kula boʻlib ketdi, sizning fikrlaringiz shubhali, dedi. Fikrlarini ma’qul topmadi. Nima boʻlyapti-ya oʻzi?

«Mana, Choro tuzalib ketadi-yu, hali, – dedi oʻziga Tanaboy, – koʻnglidagi bor gapni toʻkib solishga uni majbur qilaman. Oʻzim ham ochiq gapiraman. Men yanglishayotgan boʻlsam, aytsin, agar yanglishmayotgan boʻlsam-chi?.. Unda nima boʻladi? Yoʻq, yoʻq, unday boʻlishi kerak emas. Men yanglishyapman, albatta, kimman men? Oddiy yilqiboqarman, choʻponman. U yoqdagilar esa dono odamlar...»

Tanaboy oʻtoviga qaytib keldi va uzoq vaqtgacha uxlay olmay yotdi. Hamon bosh qotirardi: ishkal nimada ekan? Oʻz savoliga yana javob topa olmasdi.

Choro bilan esa shu-shu suhbatlasha olmadi. Koʻchish oldidan ishlar bilan oʻralashib qoldi.

– Koʻchmanchilar yana butun yozga, butun kuzu qishga – kelgusi koʻklamga qadar togʻlarga koʻchib ketishdi. Yana qoramollar podasi, yilqilar uyuri, qoʻy-qoʻtonlari daryo yoqalab, suvli oʻtloqlar boʻylab yurib ketishdi. Koʻch-koʻron ortilgan karvonlar. Xilma-xil ovozlar havoda muallaq turib qolgan, ayollarning rang-barang roʻmol va koʻylaklari koʻzga chalinadi, qizlar ayriliq-hijron qoʻshigʻini kuylaydilar.

Tanaboy oʻz yilqilarini ulkan oʻtloqdan, ovul yaqinidagi doʻngliklardan haydab borardi. U yoʻrgʻa otida kelib ketadigan oʻsha uy, oʻsha hovli hamon ovulning bir chekkasida shundogʻligicha turardi. Yuragi orziqib ketdi. Endi oʻsha juvondan ham, saman yoʻrgʻa Gulsaridan ham judo boʻlgan edi. Hammasi orqada qolib ketdi, koʻklamdagi kulrang gʻozlar galasi singari shovqin solib oʻtib ketdi u davrlar...

...Anchadan buyon ona tuya yelib-yuguradi, boʻtalogʻini izlaydi, chorlaydi. Qaydasan qora koʻzli boʻtaloq? Javob ber! Tirsillagan yelinimdan oyoqlarimga tizillab sut oqmoqda. Qaydasan? Javob qaytar. Uning yelinidan, tirsillagan yelinidan tizillab sut oqmoqda. Oppoq sut...

XII

Oʻsha yilning kuzida Tanaboy Bakasovning taqdiri birdaniga oʻzgarib ketdi.

U dovonning narigi tomonidan qaytib kelib, yilqilar togʻ oraligʻidagi qishlovga joʻnab ketish uchun yonbagʻirdagi kuzgi yaylovlarga qoʻndi.

Xuddi shu kunlari kolxozdan chopar keldi.

– Choro yubordi meni, – dedi u Tanaboyga. – Ertaga ovulga kelsin, deb aytdi, u yerdan tumanga kengashga borarkansizlar.

Ertasiga Tanaboy kolxoz idorasiga keldi. Choro shu yerda, partorg xonasida edi. Garchand lablarining gezargani va oʻzining ozgʻinligidan hali kasallik undan arimaganligi bilinib tursa ham, u koʻklamdagidan ancha sogʻlom koʻrinardi. U oʻzini tetik tutar, ishga boshi bilan shoʻngʻib ketgan edi, xalq atrofini oʻrab olgandi. Tanaboy doʻstini koʻrib quvonib ketdi. Demak, sogʻayib ketibdi, yana ishga tushibdi.

Ular ikkalasi yolgʻiz qolishganda Choro Tanaboyga qaradi. Qotib ketgan ozgʻin yuzini kafti bilan ishqab:

– Sen, Tanaboy, qarimayapsan, hamon avvalgidaysan? Qachondan beri koʻrishmadik, koʻklamdan berimi? Qimiz va togʻ havosi zoʻr narsada... Men boʻlsam, mana, oz-ozdan soʻlib boryapman. Payti kelganga oʻxshaydi... – Choro bir oz jimib, ish haqida soʻz boshladi: – Gap bunday, Tanaboy. Bilaman, bezbetga qoshiq bersang, u bir marta oʻrniga besh marta osh oladi, deysan. Tagʻin sening aytganing kelyapti. Ertaga chorvadorlar kengashiga boramiz. Chorvachilikning ahvoli chatoq, ayniqsa qoʻychilikning, ayniqsa bizning kolxozda qoʻychilikning ahvoli chatoq. Ish pachava. Raykom: kommunist va komsomollar qoloq uchastkalarga, otarlarga degan chaqiriq bilan murojaat qildi. Yordam ber! Huv oʻsha paytda yilqilar masalasida yordam berganding, rahmat, endi yana koʻmaklashib yubor. Otarlarni ol: choʻponlikka oʻt.

– Juda ham shoshqaloqsan-da, Choro. – Tanaboy jimib qoldi. – Otlarga oʻrganib qoldim, – oʻyladi u. – Qoʻylarnp boqish zerikarli ish! Oqibati qanday boʻlarkin?

– Seni zoʻrlamayman, Tanaboy, – dedi tagʻin Choro. – Lekin iloj qancha – partiyaviy topshiriq. Achchigʻing kelmasin. Bir vaqti kelib doʻstlarcha esimga solarsan, hammasiga birdan javob beraman!..

– Ha, vaqti kelganda esingga solib qoʻyaman, oʻzing ham xursand boʻlmaysan! – dedi kulib Tanaboy, Choroga hammasini eslatishga toʻgʻri keladigan vaqt uncha uzoq emasligini sezmay. – Otar masalasida esa oʻylab koʻrish kerak, xotinim bilan gaplashib koʻray.

– Xoʻp mayli, oʻylab koʻr. Ammo ertalabgacha hal qil, ertaga kengash oldida hisob berish kerak. Jaydar bilan keyin maslahatlashasan, hammasini tushuntirasan unga. Mening oʻzim ham bir payti kelib qolganida unga uchrashaman, soʻzlab beraman. U aqlli ayol, tushunadi. U yoningda boʻlmaganida edi, allaqachon biron yerda boʻyning uzilardi, – hazillashdi Choro. – Jaydarning ahvoli qalay? Bolalar-chi?

Ular oila haqida, kasallik haqida, u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirishdi. Tanaboy Choro bilan muhim bir gapni boshlamoqchi boʻlib turuvdi, togʻlardan chaqirilgan molboqarlar kirib kelib qolishdi. Choroning oʻzi ham soatiga qarab shoshib qoldi.

– Demak, shunday. Otingni otxonaga topshir. Ertalab mashinada hammamiz birga ketishga qaror qildik. Biz axir mashina oldik-ku. Ikkinchisini ham yaqinda olamiz. Ishimiz yurishib ketadi! Men esa hozir joʻnayman, soat yettida raykomga yetib borishga buyruq berilgan. Rais hozir u yerda. Yoʻrgʻada kechga qadar yetib olarman deb oʻylayman, u mashinadan yomon yurmaydi.

– Iya, Gulsarini sen minib yuribsanmi? – hayron boʻldi Tanaboy. – Siylabdi-da, rais...

– Nima desam ekan. Siyladimi, siylamadimi, har holda uni menga berdi. Bilasanmi nima boʻlganini? – kulib qoʻllarini kerib qoʻydi Choro. – Gulsari nima uchundir raisni yomon koʻrib qoldi. Sira aql bovar qilmaydi. Uni oʻziga yaqin keltirmaydi. Unday ham, bunday ham qilib koʻrdi. Hech eplab boʻlmadi. Urib oʻldirsang ham yoʻlatmaydi. Men minsam yaxshi yuradi, uni yaxshi oʻrgatibsan minishga. Bilasanmi, ayrim paytlarda yuragimning ogʻrigʻi tutib qoladi, yoʻrgʻa otga oʻtirib bir aylanib kelsam, ogʻriq bir pasda oʻtadi-ketadi. Birgina shu uchun umr boʻyi partorg boʻlib ishlashga tayyorman, u meni davolayapti! – kuldi Choro.

Tanaboy kulmasdi.

– Men ham uni sevmayman, – dedi u.

– Kimni? – soʻradi Choro kulgidan yoshlangan koʻzlarini arta turib.

– Raisni.

Choro jiddiylashdi.

– Nima uchun yaxshi koʻrmaysan?

– Bilmayman. Nazarimda, u poʻk odam, poʻk va johil odam.

– Sening koʻnglingni topish qiyin oʻzi. Meni umr boʻyi boʻshangligim uchun koyib kelding, endi buni ham yaxsha koʻrmas ekansan... Bilmadim. Men ishga yaqinda chiqdim. Hali tushunib-bilib olganimcha yoʻq.

Ular jimib qolishdi. Tanaboy Choroga kishan haqidagi, bichish haqidagi gapni gapirib bermoqchi edi-yu, lekin endi bu gap unga oʻrinsiz boʻlib koʻrindi. Gap uzilib qolmasligi uchun Tanaboy oʻzini xursand qilgan yaigilik haqida gap ochdi:

– Mashinani berishganligi juda yaxshi boʻlibdi-da. Demak, endi kolxozlarga ham mashina kela boshlarkan-da. Keladi, keladi. Vaqti keldi, esingdami, urushdan avval biz birinchi polutorkani olgandik. Miting boʻlib oʻtgandi. Boʻlmasam-chi, kolxozning oʻz mashinasi-ya, sen kuzovda turib nutq ham soʻzlaganding: «Mana, oʻrtoqlar, sotsializm samarasi!» Keyinchalik esa uni ham frontga olib ketishdi...

Ha, shunday zamonlar boʻlgandi... Quyoshning chiqishiday ajoyib zamon. Avtomashina ham gapmi! Chu kanali qurilishidan qaytishganlarida, oʻzlari bilan dastlabki patefonlarni olib kelishganlarida ovul yangi qoʻshiqqa qanday qiziqqan edi! Yozning oxirlari, oqshomlari patefoni bor odamlarnikida toʻplanishar, ularni koʻchaga olib chiqishar, soʻng hammalari qizil durrali zarbdor qiz haqidagi plastinkani qayta-qayta eshitishgani-eshitishgan edi. «Ey qizil durrali toʻlin oy, qaynatib bersang-chi menga choy!..» Bu ham ular uchun sotsializm samarasi edi...

– Bizning oʻzimiz-chi, esingdami Choro, mitingdan keyin polutorkaga rosa tiqilishgandik – mashina liq toʻlgan edi! – eslardi ruhlanib Tanaboy. – Men bayramdagidek, kabina yonida qizil bayroqcha koʻtarib turardim. Biz shunchaki, bekordan-bekorga stansiya tomonga qarab ketdik, u yerdan esa temir yoʻl yoqalab boshqa stansiyaga, Qozogʻistonga bordik. Parkda pivo ichdik. U yoqqa borishda ham, bu yoqqa qaytishda ham butun yoʻl boʻyi hammamiz qoʻshiq aytgandik. U yigitlardan hozir oz qoldi – hammasi urushda halok boʻlishdi. Ha... Tunda ham, bilasanmi, bu qizil bayroqchani qoʻlimdan tushirmagandim, tunda uni kim koʻrardi deysan? Men boʻlsam qoʻlimdan tushirmay hamon ushlab borardim... Bu mening bayroqcham edi. Tinmay ashula aytardim, hatto xirillab qolgandim, esimda... Nega hozir ashula aytmaymiz-a, Choro?

– Qarib boryapmiz, Tanaboy, endi negadir yarashmaydi ham...

– Yoʻq, men buni aytganim yoʻq – biz aytadigan qoʻshigʻimizni aytib boʻldik. Xoʻsh, yoshlar-chi? Mana men internatda oʻgʻlimning oldiga borib turaman. Qanday ta’lim olarkin u yerda? Hozirdanoq boshliqqa xushomadgoʻylik qilishni biladi. Sen, ada, deydi, maktab direktoriga dam-badam qimiz olib kelib tur.. Xoʻsh, nega? Oʻqishi yomon emas... Qanday qoʻshiq aytishlarini tinglab koʻrsang edi. Bolaligimda Aleksandrovkada Yefremovnikida batraklik qilgandim, bir kuni u diniy bayramda meni cherkovga olib borgandi. Bizning bolalarimiz ham qoʻllarini yonlariga tushirib olib, yuzlari toshdek qotgan holda, sahnada rus cherkovidagiday ashula aytishadi. Bir xil ashula aytishadi... Menga yoqmaydi bu. Umuman, endi men koʻp narsaga tushunmay qoldim, soʻzlashib olsak boʻlardi... Hayotdan ortda qolib ketdim, hamma narsani ham tushunavermayman,

– Mayli, Tanaboy. Boshqa vaqtda gaplashib olarmiz, fursat toparmiz. – Choro qogʻozlarini yigʻishtirib, dala sumkasiga sola boshladi. – Lekin sen koʻp kuyinaverma. Men, masalan, aminman, juda aminmanki, qanchalik qiyin boʻlmasin, baribir qaddimizni rostlab olamiz, orzu qilganimizday yashay boshlaymiz... – dedi u keta turib. Ostonada qayrildi-da, dedi: – Menga qara, Tanaboy, bir kuni men koʻchadan oʻtib borayotgandim, sening uying juda huvillab qolibdi. Qarovsiz qoldiribsan uni. Sen doim togʻdasan, uying boʻlsa xoʻjasiz. Jaydar urush yillari yakka-yolgʻiz boʻlsa ham uni hozirgidan yaxshiroq saqlagandi. Bir borib koʻr. Nima kerak boʻlsa aytarsan, bahorda yordamlashib, shikastini tuzatib berarmiz. Yozda kanikulga kelgan bizning Shomansur ham gʻayratiga chidamay oʻroqni oldi, Tanakaning hovlisidagi yavshonlarni oʻrib tashlay, dedi. Suvoqlari koʻchib, oynalari singan, chumchuqlar xonalarda xuddi xirmondagiday uchib-qoʻnib yuribdi, deydi.

– Uy toʻgʻrisidagi gaping toʻgʻri. Shomansurga ham rahmat. Uning oʻqishlari qalay?

– Ikkinchi kursda endi. Oʻqishi, menimcha, yaxshi. Mana sen yoshlarni gapirding, men esa oʻgʻlimga qarab, hozirgi yoshlar yomon emas, degan fikrga keldim. Uning soʻzlaridan bildimki, institutdagilar qobil bolalar ekan. Keyin ma’lum boʻlar, yoshlar bilimdon, oʻzlari haqida oʻylab koʻrishar.

Choro otxonaga ketdi, Tanaboy esa oʻz uyini koʻrgani joʻnadi. Hovlining hamma yerini aylanib chiqdi. Yozda Choroning student oʻgʻli oʻrib tashlagan quruq, changli burgan oyogʻi ostida shitirlardi. Uyi egasiz, qarovsiz qolganligidan uyalib ketdi. Boshqa chorvadorlarning uylarida qarindosh-urugʻlari qolar yoki kimdir qarab turar edi. Uning boʻlsa ikki qadrdon opa-singlisi boshqa ovullarda yashashar, akasi Quliboy bilan munosabatlari yomon edi. Jaydarning esa umuman yaqin qarindoshlari yoʻq. Mana shunday qilib, uy qarovsiz qolib ketdi. Tagʻin uzoq yaylovda choʻpon boʻlib ishlashga toʻgʻri kelyapti. Tanaboy hali ikkilanayotgan boʻlsa ham, Choro baribir uni koʻndirishini, uning soʻzini qaytara olmasligini, har doimgiday rozi boʻlishini bilardi.

Ertalab mashinada ovuldan chiqishdi va tuman markaziga joʻnab ketishdi. Yangi uch tonnalik GAZ hammaga yoqdi. «Xuddi podsholarday ketyapmiz-a!» – hazillashishardi molboqarlar. Tanaboy ham xursand edi – u koʻpdan buyon, urushdan beri mashinada yurmagandi. Oʻshanda Amerikaning «studebekker»larida Slovakiya va Avstriya yoʻllarida kezib chiqqandi. Yuk mashinalari kuchli, uch oʻqli edi. «Bizga shundaylari kerak edi-da, – oʻylagandi oʻshanda Tanaboy. – Ayniqsa, togʻ etaklaridan gʻallalarni tashib olishga juda bop ekan. Bundaylar hech qayerda tiqilib qolmaydi. Urush tugagandan keyin bizda ham shunaqa mashinalar boʻlishiga ishongandi. Gʻalabadan keyin hammasi boʻladi!..

Ochiq kuzov ustida shamolda gap-soʻz qovushmasdi. Tanaboy yoshlarga gap qotmaguncha hamma jim borardi:

– Qoʻshiq aytinglar, bolalar. Biz keksalarga qarab oʻtirmanglar. Kuylanglar, kuylash sizdan, tinglash bizdan.

Yoshlar qoʻshiq boshlab yuborishdi. Boshda ashula qovushmay turdi, keyin esa jonlanib ketdi. Yoʻl yurish zavqliroq boʻldi.

«Mana bu yaxshi ish boʻldi, – oʻylardi Tanaboy. – Shunday boʻlgani yaxshi. Eng muhimi, bizni nihoyat toʻplashib, yaxshi ish qilishyapti. Ehtimol, ahvol qanday ekanligi, kolxozni nima qilish kerakligi haqida soʻzlashishar. Bizga qaraganda boshliqlarga ayonroq-ku. Biz faqat oʻzimizni bilamiz, boshqa koʻp narsani bilmaymiz. Maslahatlar berishar, yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatishar, qarabsizki, biz ham ishni yangichasiga boshlab yuboribmiz»...

Tuman markazi shovqin-suronli va gavjum edi. Mashinalar, aravalar, juda koʻp otliqlar klub oldidagi butun maydonni toʻldirishgandi. Kabobchilar, choyxonachilar ham shu yerda hoziru nozir edilar. Tutatishib, is tarqatishib «kep qoling, yeb qoling» deb kelganlarni chaqirishardi.

Choro kutib turgandi.

– Tezroq tushinglar, yuringlar. Joy ishgʻol qilinglar. Ha demay majlis boshlanib qoladi. Tanaboy, sen qayoqqa?

– Hozir, – dedi Tanaboy bir toʻda miniladigan otlar orasidan oʻtib ketar ekan. U mashinadayoq oʻzining Gulsarisini payqagan, endi unga tomon ketayotgandi. Koʻklamdan beri uni koʻrmagandi.

Egarlogʻliq saman yoʻrgʻa oʻzining sariq guldek rangi keng, pishiq sagʻrisi va qop qora koʻzli, doʻng peshonali etsiz boshi bilan boshqa otlardan ajralib turardi.

– Salom, Gulsari, salom! – pichirladi Tanaboy unga tomon turtinib-surtinib borarkan. – Xoʻsh, ahvoling qalay?

Yoʻrgʻa ot koʻz soqqasini qiyshaytirib qarab, qari xoʻjayinini tanidi, depsinib, pishqirib yubordi.

– Koʻrinishing yomon emas, Gulsari. Qara, koʻkraging kengayib toʻlishib ketibdi. Koʻp chopadiganga oʻxshaysan. Oʻshanda sen qiynalding-a, bilaman... Ha, mayli, yana yaxshi odamning qoʻliga tushibsan. Tinch yursang, hammasi joyida boʻladi, – derdi Tanaboy xurjundagi suli qoldiqlarini paypaslab koʻrib. Demak, Choro uni bu yerda och qoldirmayotgan ekan. – Xoʻp, sen turatur, men boray.

Klubga kiraverishda devorda «Kommunistlar – olgʻa!», «Komsomol – sovet yoshlarining avangardi!» deb yozilgan alvonlar tovlanib turardi.

Odamlar toʻda-toʻda boʻlib, kelib foye va tomosha zallariga tarqalib ketardi. Eshik oldida Tanaboyni Choro va kolxoz raisi Aldanov kutib olishdi.

– Tanaboy, bir chekkaga chiqaylik, – dedi Aldanov. – Mana yon daftaring. Sen soʻzga chiqishing kerak. Biz seni belgilab qoʻydik. Sen partiya a’zosisan, eng yaxshi yilqiboqarimizsan.

– Nima haqda gapirishim kerak?

– Sen kommunist sifatida qoloq uchastkaga borishga qaror qilganligingni ayt. Sovliq qoʻylar suruviga choʻpon boʻlmoqchiligingni gapir.

– Shugina xolosmi?

– Nega shugina! Oʻz majburiyatlaringni aytasan. Har yuz sovliqdan yuz oʻntadan qoʻzi olish va saqlab qolishga, har bosh qoʻydan uch kilogrammdan jun qirqib olishga partiya va xalq oldida majburiyat olaman, deysan.

– Qoʻylarni koʻrmagan boʻlsam men qanday gapiraman?

– Tagʻin gapiradi-ya! Otarni olasan.

Choro gapni yumshatdi:

– Oʻzingga ma’qul kelgan sovliqlarni tanlab olasan. Xavotirlanma. Tagʻin ikkita yosh komsomol choʻponlarni otaliqqa olaman, deb ham ayt.

– Kimlarni?

Odamlar turtinib-surtinib oʻtishardi. Choro roʻyxatni koʻzdan kechirardi.

– Boʻlatbekov Eshim va Zorliqov Bektoyni.

– Men axir hali ular bilan gaplashmadim-ku, ular bunga nima deyisharkin.

– Tagʻin oʻz bilganingdan qolmaysan-a! – jahli chiqdi raisning. – Gʻalati odamsan. Ular bilan gaplashishing shartmi? Baribir emasmi? Ular hech qayoqqa qochib ketishmaydi, biz ularni senga biriktirib qoʻyganmiz, masala hal boʻlgan.

– Masala hal boʻlsa, men bilan gaplashib oʻtirishning nima hojati bor? – Tanaboy nari ketdi.

– Shoshma, – uni toʻxtatdi Choro. – Hammasini eslab qoldingmi?

– Eslab qoldim, eslab qoldim, – ensasi qotib yoʻlida gap otdi Tanaboy...

XIII

Kengash kechga yaqin tugadi. Tuman markazi huvillab qoldi. Odamlar har tarafga: fermalarga, togʻlarga – qoʻy suruvlari va qoramol podalari oldiga, ovul va qishloqlarga tarqalib ketishdi.

Tanaboy ham boshqalar bilan birga Aleksandrovkadagi qirdan oshib, yassi tekislik orqali yuk mashinasida joʻnab ketdi. Qorongʻi tushib qolgan, shamol badanni junjiktirardi. Kuz. Tanaboy kuzovning burchagiga oʻtirib oldi, yoqasini koʻtarib oʻz fikrlari bilan band boʻldi. Mana, kengash ham tugadi. Uning oʻzi biron bama’ni gapni ayta olmadi-yu, ammo boshqalarning gapini tinglagandi. Demak, hamma ishlar yurishib ketishi uchun hali koʻp mehnat qilish kerak ekan-da. Toʻgʻri gap aytdi, axir anavi koʻzoynakli obkom sekretari: «Hech kim bizga yoʻlni tap-tayyor qilib qoʻygan emas, oʻzimiz uni ochishimiz kerak», dedi.

Oʻylab koʻring-a, oʻttizinchi yillardan beri – goh yuksalish, goh pasayish, goh koʻtarilish, goh ortga qaytish... Demak, kolxoz ishi joʻya ish emas ekan. Mana, oʻzining ham yarim sochi oqargan, butun yoshligi oʻtib ketdi, nimalarni koʻrmadi, nimalarni qilmadi, necha bor tentaklik ham qildi, baxtli kun ana keladi, mana keladi, deb kutib yuraverasan, lekin kolxozning mashaqqatidan baribir qutulmaysan...

Ha, mayli ishlash kerakmi – demak, ishlash kerak. Toʻgʻri aytdi sekretar – hayot bir mahallar urushdan keyin odamlar oʻylaganidek, hech qachon oʻz-oʻzidan yurishib ketmaydi. Oʻzing tirik ekansan, uni doim yelkang bilan tashib yurishing kerak... Faqat u har gal oʻtkir qirralari bilan oʻgirilib qoladi, yelkalarimizning hamma yeri yagʻir boʻlib ketdi. Qilayotgan ishingdan, boshqalarning ishidan koʻngling toʻlsa, bu ishlar baxt keltirsa bu ham mayli edi-ya... Endi ishlari qanday boʻlarkin? Jaydar nima derkin? Qizlariga loaqal konfet olish uchun magazinga bir kirib chiqishga ham ulgurmadi. Har yuztasidan bir yuz oʻnta qoʻzi, har boshdan uch kilogrammdan jun olish aytishga oson. Har bir qoʻzi tugʻilishi, uning ustiga yana tirik qolishi ham kerak. Yomgʻir, shamol, sovuq esa unga qarshi turadi.

Jun-chi? Jun tolasini olib koʻr, koʻzing ilgʻamaydi, puflasang yoʻq boʻlib ketadi qoʻyadi. Kilogrammlarni qayoqdan olasan? Uh, oltinga baravar-a bu kilogrammlar. Lekin ba’zilar bularning hammasi qanday olinishini tasavvur ham qila olmasa kerak...

Ha, Choro uni yoʻldan urdi, adashtirdi... «Soʻzga chiq, deydi, lekin qisqa qil, oʻz majburiyatlaring haqida soʻzla. Boshqa hech narsa gapirma. Maslahatim shu». Tanaboy koʻna qoldi. Minbarga chiqdi-yu, yuragi poʻkilladi, shunday qilib yuragida qaynab toshib yurgan gaplarni ayta olmadi ham. Majburiyatlari haqida mingʻirlab gapirdi-da, tushib ketdi. Eslasang uyalasan. Choro boʻlsa mamnun. Nega u bunchalik ehtiyotkor boʻlib qoldi? Keksaligidanmikin yoki endi kolxozga bosh boʻlmaganidanmikin? Tanaboyni ehtiyot boʻlishga chaqirishning nima keragi bor ekan? Yoʻq, u aynigan, negadir oʻzgargan! Ehtimol, umr boʻyi rais boʻlib kolxozni sudraganidan, boshliqlar umr boʻyi uni soʻkkanlaridandir. Epchillik, ustalik qilishga oʻrganib qolganga oʻxshaydi...

«Hap sanimi, toʻxtab tur, doʻstim, bir kunmas bir kun yuzma-yuz kelganda eslatib qoʻyaman men senga...» – oʻylardi Tanaboy poʻstiniga yaxshiroq oʻralar ekan. Sovuq shamol urib turibdi, uygacha hali uzoq. U yoqda nimalar kutayotganikin uni?..

* * *

Choro yoʻrgʻa otda yolgʻiz joʻnadi. Hamrohlarini kutib oʻtirmadi. Uyga tezroq yetib olgisi kelar, yuragi ogʻriy boshlagandi. Otni oʻz holiga qoʻyib berdi, u kun boʻyi dam olganidan endi bir tekis yelib borardi. Yurgizilgan mashina singari bir maromda tuyoqlarini taqillatib ketayotgandi. Avvalgi hamma narsasidan unda faqat chopish ishtiyoqigina qolgandi. Boshqa hamma narsa unda allaqachon oʻlgan edi. U faqat egaru yoʻlnigina bilsin uchun qolgan hamma fazilatlarini yoʻqotishgandi. Gulsari chopish bilan tirik edi. Goʻyo odamlar tortib olgan narsalarga yetib olmoqchiday, vijdonan, hormay-tolmay chopardi. Chopardi-yu, lekin yetib ololmasdi.

Shamolda Choro bir oz yengil tortdi. Yuragidagi ogʻriq oʻtib ketdi. U kengashdan umuman mamnun edi, ayniqsa, obkom sekretarining chiqishi juda yoqdi, u haqda koʻp eshitgan boʻlsa ham birinchi marta koʻrishi edi. Shunday boʻlsa ham partorg oʻzini noqulay sezardi. Koʻngli gʻash edi. Axir u Tanaboyga yaxshilik qilmoqchi edi. Axir u bunday kengashlar, majlislar va yigʻilishlarda qatnashaverib pixi qayrilgan qayerda nima gapirish keragu, nima kerak emasligini bilardi. Tajribasi bor edi. Tanaboy esa garchand quloq solgan boʻlsa ham, buni tushunishni xohlamadi. Kengashdan soʻng unga bir ogʻiz ham soʻz aytmadi. Mashinaga oʻtirdi-yu, teskari oʻgirilib oldi. Xafa boʻlibdi. Eh, Tanaboy, Tanaboy! Soddasan, hayot seni hech narsaga oʻrgatmabdi. Sen hech narsani bilmaysan ham, payqamaysan ham. Yoshligingda qanday boʻlsang, shundayligingcha qolibsan. Hamma narsani shartta-shartta qilsang. Zamon hozir boshqacha. Endi hammasidan muhimi, qanday gapirishni, kimning oldida nima gapirishni bilish, soʻzing barcha odamlarniki singari zamon ruhida jaranglashi, ajralib turmasligi, yozilganday silliq boʻlishi kerak. Shunda hamma narsa joyida boʻladi. Seni, Tanaboy, koʻnglingning koʻchasiga qoʻyib yuborsang bormi, hamma narsani agʻdar-toʻntar qilib tashlaysan, yana javob berishga ham toʻgʻri keladi. «Oʻz tashkilotingiz a’zolarini siz qanday tarbiyalamoqdasiz? Bu qanaqa tartib-intizom? Bu qanaqa boshboshdoqlik?» Eh, Tanaboy, Tanaboy...

XIV

Hamon oʻsha tun, ular ikkisi yoʻlda. Qari odam va qari ot. Jarlik yoqasida gulxan yonmoqda. Tanaboy oʻrnidan turadi, jon berayotgan Gulsari ustiga yopgan poʻstinini nechanchi bor toʻgʻrilab qoʻyadi. Yana uning bosh tomoniga oʻtiradi. U xayolan butun umrini birma-bir nazardan oʻtkazadi. Saman otning chopishidek tez oʻtgan yillar, yillar, yillar. Oʻshanda u qoʻylarga choʻpon boʻlib borgan oʻsha yili, oʻsha kech kuzda, oʻsha erta qishda nima boʻlgandi?..

XV

Butun oktabr' oyi togʻlarda qurgʻoqchilik boʻlib, hamma yoq oltin tusga kirgan edi. Boshda faqat ikki kungina yomgʻir yogʻib, havo sovudi, tuman tushdi. Ammo keyin bir kechada bulutlar tarqalib ketdi, ertalab Tanaboy oʻtovidan chiquvdi, orqasiga tisarilib ketishiga sal qoldi– togʻlar choʻqqilaridagi yangi qorlari bilan u tomon bosib kelayotganday edi. Ularga qor qanday yogʻibdi! Goʻyo Tangri hozirgina yaratganday, ular falakda musaffoligicha, soyada ham, yorugʻlikda ham yaqqol koʻzga tashlanib turardi. Qor yogʻgan joydan koʻm-koʻk, bepoyon boʻshliq boshlanardi. Uning tubida olis-olislardan koinotning xayoliy zumrad ufqi koʻrinib turardi. Nur va sof havoning moʻl-koʻlligidan Tanaboy junjikib ketdi va yuragi hasratga toʻldi. U yana Gulsari bilan birga borgan huv oʻsha juvonni esladi. Yoʻrgʻa qoʻl ostida boʻlsa edi, minardi-da, zavq-shavqi va shodligidan qiyqirib, mana bu ertalabki oppoq qor kabi uning huzuriga kirib borardi...

Ammo u bu faqat orzugina ekanligini bilardi... Nimayam qilardi, umrning yarmi orzu-xayol bilan oʻtadi. Shuning uchun ham, ehtimol, hayot shunchalik lazzatli, orzu qilganlarining hamma-hammasi ham roʻyobga chiqavermaganligi uchun ham, ehtimol, azizdir bu hayot. U togʻlar va osmonga tikilib turib, hamma odamlarning bir xil darajada baxtli boʻla olishiga shubhalanardi. Har kimning oʻz taqdiri – qismati bor. Unda, bir togʻda bir paytning oʻzida ham yorugʻlik, ham qorongʻilik boʻlganidek, oʻz quvanchlari, oʻz gʻamu-gʻussalari boʻladi. Hayot shular bilan toʻla-toʻkis... U juvon, ehtimol, endi kutmayotgandir ham. Togʻlardagi yangi qorni koʻrib eslagan boʻlmasa agar...

Odam qarib boraveradi, koʻngil esa taslim boʻlishni xohlamaydi, ahyon-ahyonda bir ijirgʻanib, oʻzini eslatib qoʻyadi.

Tanaboy otni egarladi, qoʻylar qoʻrasini ochdi, oʻtovning ichiga qarab xotiniga qichqirdi:

– Jaydar, men qoʻylarni bir aylantirib kelay, sen ishlaringni qilib boʻlguningcha qaytib kelaman.

Qoʻylar mayda qadam tashlab tez-tez yurib ketishdi, qoʻylar yelka, boshlarini qimirlatib tepalikka qarab koʻtarilib borardi, qoʻshni choʻponlar ham qoʻylarini haydab chiqa boshlashgandi. U yer-bu yerda togʻ yonbagʻri, pastliklar, jarliklarda qoʻy suruvlari yer-zaminning azaliy tortigʻi – oʻt-oʻlanlarni tera boshladi. Kuzgi togʻlarning sargʻish, qoʻngʻir oʻt-oʻlanlari orasida kulrang oqish qoʻylar toʻda-toʻda boʻlib daydib yurishardi.

Hozircha ishlar joyida edi. Tanaboyga yomon otar tegmadi – ular ikki va uch marta qoʻzilagan sovliqlar edi. Yarim ming bosh. Yarim ming tashvish. Qoʻzilagandan keyin esa ular ikki baravardan ziyodroq koʻpayadi. Lekin qoʻzilatishga, choʻponlarning mashaqqatli mehnati boshlanishiga hali uzoq edi.

Yilqilarga qaraganda qoʻylarni boqish ancha tinchroq, albatta, lekin Tanaboy ularga darrov koʻnika qolmadi. Otlarni boqish boshqacha edi-da! Ammo, aytishlaricha, yilqichilik oʻz ahamiyatini yoʻqotgan emish. Mashinalar paydo boʻlganmish. Otlar endi, demak, foydasiz boʻlib qolibdi-da. Endi qoʻychilik: jun, goʻsht, teri – asosiy narsa. Garchand bunday oqilona hisob-kitobda haqiqat borligini tushunsa ham, u Tanaboyga qattiq botardi.

Yaxshi aygʻiri boʻlgan uyurini ba’zi paytlarda vaqtincha, yarim kunga, yoki undan ham koʻpga tashlab ketib, oʻz ishlari bilan band boʻlsa boʻlardi. Qoʻylarni esa tashlab hech qayoqqa ketib boʻlmaydi. Kunduzi bir qadam ham jilmay ular bilan birga yurish, tunda qorovullik qilish kerak. Choʻpondan tashqari otarda choʻliq boʻlishi kerak edi, lekin choʻliq berishmayotgandi. Shuning uchun navbat almashmay, dam olmay, tinimsiz ishlashga toʻgʻri kelardi. Jaydar qorovul hisoblanardi, kunduzi faqat ba’zi vaqtlardagina qizlari bilan qoʻylarga qaray olardi, tun yarmiga qadar miltiq bilan qoʻra atrofida aylanib yurardi, keyin Tanaboyning oʻziga qorovullik qilishga toʻgʻri kelardi. Endi kolxozdagi butun chorvachilikka xoʻjayin boʻlgan Ibrohim esa bahona topishga usta edi.

– Xoʻsh, men qayerdan olaman choʻliqni, Tanaka? – derdi u kuyinganday boʻlib. – Aqlli odamsiz-ku axir. Yoshlarning hammasi oʻqimoqda. Oʻqimayotganlari esa qoʻy desangiz tepa sochi tikka boʻladi, ular shaharga, temir yoʻlga, hatto allaqayoqlardagi konlarga ham ketib qolishmoqda. Nima qilishga aqlim yetmay qoldi. Sizda hammasi boʻlib birgina otar – shunda ham oh-voh qilasiz. Men-chi? Butun chorvachilik mening boʻynimda. Sudga tushaman. Bu ishga behuda oʻtgan ekanman, behuda. Siz otaliqqa olgan Bektoyga oʻxshash kishilar bilan ishlab boʻlarmidi? Sen, deydi, meni radio, kino, gazetalar bilan ta’minla, yangi oʻtov ber, tagʻin har haftada oldimga magazin kelib tursin. Boʻlmasa boshim oqqan tomonga ketaman qolaman, deydi. Siz u bilan gaplashsangiz boʻlardi, Tanaka!..

Ibrohim aldamayotgandi. Uning oʻzi ham koʻtarilib ketganidan xursand emasdi. Bektoy haqidagi gapi ham toʻgʻri edi. Tanaboy ba’zan bir amallab vaqt topib, otaliqqa olgan komsomollari oldiga borib turardi. Eshim Boʻlatbekov garchand unchalik epchil boʻlmasa ham koʻngilchan, yumshoq tabiatli yigit edi. Bektoy esa chiroyli, kelishgan edi, ammo uning qora qiyiq koʻzlaridan gʻazab oʻti chaqnab turardi. U Tanaboyni qovoq osib kutib olardi, unga:

– Sen, Tanaka, kuyib-pishaverma, yaxshisi, oʻz bolalaring oldida oʻtir. Sensiz ham meni tekshiruvchilar koʻp.

– Senga nima, bir narsa yutqizyapsanmi bundan?

– Yutqizishga yutqizmaymanu, lekin senga oʻxshaganlarni yoqtirmayman. Sizlar, oʻzingizni suvga ham, oʻtga ham urgansizlar. Doim haybarakallachilik, «ura, ura!» qilgansizlar. Oʻzingiz boʻlsa odamday hayot kechirmadingiz, oʻzgalarni ham odamday yashashiga yoʻl qoʻymadingiz.

– Sen, yigit, juda ham haddingdan oshaverma, – Tanaboy zoʻr-bazoʻr oʻzini tutib ijirgʻanib gapirdi. – Qoʻlingni menga bigiz qilib gapirma. Bu sening ishing emas Oʻzini suvga ham, oʻtga ham urgan sen emas, biz boʻlamiz. Afsuslanmaymiz bundan. Sizlarni deb oʻzimizni oʻtga, suvga tashlaganmiz. Shunday qilmaganimizda edi, koʻrardim hozir ahvoling nima boʻlishini. Kino koʻrish, gazeta oʻqish ham gapmi, oʻz otingni ham bilmagan boʻlarding. Uch harfdangina iborat birgina «qul» degan oting boʻlardi sening...

Tanaboy Bektoyni yoqtirmasdi, lekin mana shu toʻgʻri soʻzligi uchun uni ichidan hurmat qilardi. Bektoyning fe’l-atvori aynib borayotgandi. U yigitning egri yoʻlga kirib ketayotganligini koʻrib Tanaboy achinardi. Keyinchalik ularning yoʻllari ajralib ketib, shaharda tasodifan uchrashib qolganlarida Tanaboy unga hech narsa demadi, uning soʻzlarini tinglab oʻtirmadi ham.

Oʻsha erta tushgan qish kunlari edi... Qish oʻzining oppoq qahrli tuyasida tez yelib-yugurib kelib, choʻponlarni begʻamligi uchun jazolay ketdi.

Butun oktabr' oyi quruq kelgandi, hamma yoq oltin tusga kirgandi. Noyabr' oyida esa birdaniga qish tushib qoldi.

Tanaboy kechqurun qoʻylarni haydab kelib, ularni qoʻraga qamadi, hamma narsa goʻyo oʻz joyidagidek edi. Ammo tun yarmida uni xotini uygʻotib qoldi:

– Tur, Tanaboy, men juda sovqotib qoldim. Qor yogʻyapti.

Uning qoʻllari muzday edi, hamma yeridan qor hidi kelardi. Miltiq ham nam va sovuq edi.

Hovlida oqish tun. Qor gupillab yogʻyapti. Qoʻylar qoʻralarda bezovtalanib yotishardi, qorga koʻnikmaganliklaridan silkinishar, kallalarini chayqashar, qor boʻlsa hamon shigʻab yogʻardi.

«Shoshmanglar, hali siz bilan bizning boshimizga bundan ham battarroq kunlar keladi, – deb oʻyladi Tanaboy poʻstiniga oʻralib. – Erta, juda erta kelding sen qish. Oqibati nima boʻlarkin, yaxshilikmi, yomonlikmi? Balki keyinchalik yumshab qolarsan, ha? Faqat qoʻylar qoʻzilaguncha oʻtib ketsang boʻlgani. Bor iltimosimiz mana shugina. Hozircha esa oʻz bilganingni qilaver. Bunga haqqing bor, hech kimdan soʻramasang ham boʻladi...»

Qish indamay qorongʻida, odamlar uh tortib, u yoqdan bu yoqqa yugurgilab qolsin deb oʻz ishini qilar edi.

Togʻlar tunda qorayib, bahaybat turar edi. Ular qishni pisand qilmasdi. Anavi choʻponlar suruvlari bilan yelib chopaverishsin. Togʻlar esa qanday turgan boʻlsa, shunday turaveradi.

Esdan chiqmaydigan oʻsha qish boshlandi, ammo uning oqibatini kim bilsin?

Qor erimay yotardi, bir necha kundan soʻng yana gupillab yogʻib berdi, keyin yana, yana yogʻdi va choʻponlarni kuzgi manzillaridan haydab tushirdi. Otarlar daydib, tarqalishib, daralar, ovloq joylar, kam qorli yerlarga bekina boshladilar. Choʻponlar oʻz hunarlarini – boshqa bir odam bu yerda qordan boʻlak hech narsa yoʻq, deb qoʻl siltab ketgan joylardan otarlarga yem-xashak izlab topib berish hunarlarini ishga solishdi. Shuning uchun ham ularni choʻpon deyishadi-da... Ba’zan biron boshliq kelib qarab turadi-da, uni-buni surishtiradi, bir dunyo narsani va’da qiladi va darhol togʻdan joʻnab qoladi. Choʻpon boʻlsa yana yolgʻiz oʻzi qish bilan yuzma-yuz qoladi.

Kolxozdagilar qoʻzilatishni qanday oʻtkazish haqida nima oʻylayotganliklarini, hamma ishlar qilinganmi, hamma narsa jamgʻarilganmi – shularni bilish uchun Tanaboy koʻpdan beri kolxozga bir amallab borib kelmoqchi boʻlardi. Ammo qayoqda deysiz! Bosh qashishga ham qoʻli tegmasdi. Jaydar bir kuni internatga oʻgʻlining oldiga borib keldi, lekin u yerda uzoq turmadi: usiz juda qiyin boʻlishini bilardi, Tanaboy oʻshanda qizlari bilan qoʻylarni boqardi. Kichik qizini egarning oldiga oʻtqizib, poʻstin bilan oʻrab olardi, u issiqda tinch edi, kattasi esa sovqotardi, u otasining orqasida oʻtirardi. Hattoki oʻchoqdagi olov ham boshqacha boʻlib gʻaribona yonardi.

Ertasiga onalari qaytganda esa nima boʻldi deng-a! Bolalar uning boʻyniga tashlanishdi, kuch bilan ajratib olishga toʻgʻri keldi. Ha, ota albatta ota-yu, lekin onaning oʻrni boshqa.

Vaqt shu zaylda oʻtib borardi. Havo oʻzgarib turadi, goh qish qahriga olar, goh bir oz yumshardi, ikki marta boʻron ham boʻldi, keyin tinchib, yerlar eriy boshladi. Tanaboyni xuddi mana shu narsa tashvishlantirardi. Qoʻylarning qoʻzilashlari iliq kunlarga toʻgʻri kelsa yaxshi-ya, agar toʻgʻri kelmasa-chi, unda nima boʻladi?

Bu orada qoʻylarning qorinlari tobora kattalashib borardi. Bolasi yirik yoki egizak boʻlgan ayrim sovliqlarning qorinlari osilib qolgan edi. Sovliq qoʻylar ehtiyotkorlik bilan zoʻr-bazoʻr qadam tashlashardi, juda ozib ketishgandi. Orqa suyaklari turtib chiqib qolgandi. Hayron qoladigan joyi ham yoʻq buning – bola qorinda oʻsib, onasining bor-yoʻgʻini soʻrib yetilib-toʻlishardi, bu yerda boʻlsa har bitta oʻtni qor ostidan timirskilab topish kerak. Choʻpon qoʻylarni ertalab va kechqurun qoʻshimcha boqsa, toqqa yem-xashaklar keltirsa boʻlardi-yu, lekin kolxoz omborlarida hech narsa topilmasdi. Urugʻliklar va aravaga qoʻshiladigan, miniladigan otlar uchun asrab qoʻyilgan sulidan boʻlak hech narsa yoʻq edi.

Tanaboy har kuni ertalab qoʻylarni qoʻralardan haydab chiqarayotganda sovliqlarni koʻzdan kechirar, qorni, yelinini paypaslab koʻrar edi. Agar hamma balo-qazolardan sogʻ-omon chiqarsa, chamalab qoʻzilar boʻyicha majburiyatini bajarishi, jun boʻyicha bajara olmasligiga koʻzi yetardi. Qish ichida qoʻylarning juni yomon oʻsdi, ba’zilariniki hatto siyraklashib qoldi, toʻkila boshladi, ularni yanada yaxshiroq boqish kerak edi. Tanaboyning qosh-qovogʻi osilardi, gʻazablanardi, ammo hech narsa qila olmasdi. Shunda Choroning soʻziga kirgani uchun oʻzini eng yomon soʻzlar bilan koyirdi. Va’dani katta berdi. Minbarga chiqib gapirdi. «Men, falonchi pistonchi ilgʻor odam, partiya va vatan oldida soʻz beraman». Loaqal mana shu keyingi soʻzlarni gapirmasa ham boʻlardi! Partiya va vatanning bunga nima daxli bor-a! Odatdagi xoʻjalik ishi. Yoʻq, tartib-qoida shunday. Nega endi kerak boʻlsa-boʻlmasa, biz har qadamda shu soʻzlarni tiqishtiraveramiz, a?..

Nima ham qilardi, oʻzi aybdor. Oʻylab koʻrmagan. Oʻzgalarning gapi bilan ish qiladigan boʻlib qolgan. Ularga nima, aldab-suldab qutulib olishadi, lekin Choroga rahming keladi. Hech omadi kelmayapti-da uning. Bir kun sogʻ boʻlsa, ikki kun kasal. Umr boʻyi u yoqqa yuguradi, bu yoqqa yuguradi, unga yalinadi, buni koʻndiradi, xoʻsh, nimaning uddasidan chiqdi? Ehtiyotkor boʻlib boryapti, soʻzni tanlab gapiradi. Modomiki kasal ekansan, dam olishga chiqsang ham boʻlarmidi...

Qish choʻponlarni goh umidlantirib, goh tashvishlantirib oʻz maromida borayotgandi. Tanaboyning otarida ikki sovliq quvvatdan ketib halok boʻldi, juda nimjon boʻlib qolgan ekan. Uning otaligʻidagi yosh choʻponlarning ham bir nechtadan qoʻylari oʻldi. Busiz boʻlmaydi ham. Bir qish ichida oʻn sovliqni yoʻqotish oddiy narsa. Eng muhimi oldinda, koʻklam arafasida.

Birdan havo iliy boshladi. Sovliqlarning yelinlari darrov toʻlisha boshladi. Oriqlab ketishgan, qorinlarini zoʻrgʻa koʻtarib yurishgan boʻlsa ham, yelinlari esa kun sayin emas, soat sayin qizarib, shishib borardi. Nima sababdanikin? Qayoqdan bunchalik kuch-quvvat olishadi-ya! Kimningdir bir necha sovliqlari qoʻzilab qoʻyibdi, degan ovoz tarqaldi. Demak, qochirish davrida e’tiborsizlik, beparvolik qilingan ekan-da. Bu birinchi ogohlantirish edi. Bir-ikki haftadan keyin qoʻzilar pishgan olmadek «tap-tap» tusha boshlaydi. Qabul qilib olishga ulgursang bas. Shunda choʻponlarning tashvishlar pallasi boshlanadi. Har bir qoʻzi uchun choʻpon titrab turadi va qoʻylar ketidan yura boshlagan kunini la’natlaydi, agar barra qoʻzichoqni saqlab qola olsa, agar qoʻzilar oyoqqa turib, qishga qadar dumlari koʻrinib qolsa uning shodlik-quvonchlarining cheki boʻlmaydi.

Shunday boʻlsa, yaxshi boʻlardi. Keyinchalik odamlardan koʻzini yashirib yurmas edi.

Qoʻzilatish davrida yordam uchun kolxozdan saqmonchilarni – koʻpchiligi qari va bolasiz boʻlgan ayollarni oʻz hollariga qoʻymay yuborishdi. Tanaboyning otariga ham ikki saqmonchini joʻnatishdi. Ular koʻrpa-toʻshaklari, chodirlari, qozon-tovoqlari bilan kelishdi. Hammaning koʻngli koʻtarildi. Saqmonchilardan kam deganda yetti kishi kerak edi. Ibrohim otarlar Beshtol vodiysidagi qoʻzilatish punktiga koʻchganida yana saqmonchilar yuborishni va’da qilib, hozircha shularning oʻzi ham kifoya, degandi.

Otarlar gʻimirlab qolishdi, pastroqqa, togʻ yonbagʻirlariga, qoʻzilatish bazalariga tusha boshlashdi. Tanaboy oʻzi qoʻylarni haydab borguncha ayollarning manzilga yetib, u yerda oʻrnashib olishlariga yordam berishni Eshim Boʻlatbekovdan iltimos qildi. Ayollarni bir karvon qilib joʻnatdi, oʻzi esa qoʻylarni toʻpladi-da, boʻgʻoz sovliqlar qiynalmasliklari uchun ularni oʻz yurishiga qarab, bamaylixotir haydab ketdi. Keyinchalik Beshtol vodiysiga olib boradigan xuddi shu yoʻlni tagʻin ikki marta bosib oʻtishi, otaligʻidagi choʻponlarga koʻmaklashishi kerak edi.

Qoʻylar asta-sekin jilib borishardi, ularni shoshirib boʻlmasdi. Hatto it ham zerikib ketdi, u yoqdan-bu yoqqa izgʻib chopa boshladi.

Quyosh bota boshlagandi, ammo hali tafti bor edi. Suruv togʻ etaklariga tushgan sari havo ham shunchalik isiy boshlardi. Kungay joylarda oʻtlarni oʻra boshlagan edilar.

Yoʻlda bir oz toʻxtab qolishdi, birinchi sovliq qoʻzilab qoʻydi. Buni hech kim kutmagan edi. Tanaboy kuyib-pishib, yangi tugʻilgan qoʻzining quloq va burun kovaklariga puflardi. Qoʻzilashga ham bir haftacha vaqt bor edi. Bu tomdan tushgan tarashaday boʻldi.

Ehtimol, yoʻlda tagʻin qoʻzilab qolishar? Boshqa sovliqlarini koʻzdan kechirdi – yoʻq, unaqaga oʻxshamaydi. Xotirjam boʻldi, keyin hatto kayfi chogʻ boʻlib ketdi. Uning birinchi qoʻzichogʻiga qizlari oʻzlarida yoʻq quvonishar. Toʻngʻich doim aziz boʻladi-yu. Qoʻzichoq ham yaxshigina edi. Kipriklari qora, tuyoqlari qora, oʻzi oppoq. Otarda bir nechta yarim dagʻal junli qoʻylar bor edi, xuddi ana shulardan biri qoʻziladi. Ularning qoʻzilari odatda mayin junli qoʻylarning deyarli qip-yalangʻoch tugʻiladigan qoʻzilaridan farqli oʻlaroq baquvvat junli boʻlishardi.

– Ha, mayli, shoshilgan ekansan, ana, yorugʻ dunyoni koʻrib ol, – dedi Tanaboy. – Ham bizga baxt-saodatli boʻlib kel! Oʻzingga oʻxshagan qoʻzichoqlardan shuncha koʻp ergashib kelsinki, qadam bosishga joy topilmasin, sizlarning ovozlaringizdan quloqlarimiz bitib ketsin, hammasi tirik qolsin. – U qoʻzichoqni boshi uzra koʻtardi. – Qarab qoʻy, mana u, toʻngʻich qoʻzichoq!

Tevarak-atrofda togʻlar turar, ular sukut saqlashardi.

Tanaboy qoʻzichoqni poʻstini ostiga yashirdi va qoʻylarni haydab ketdi. Ona sovliq izma-iz chopar, bezovtalanar, ma’rar edi.

– Yur, ketdik! – dedi unga Tanaboy. – U shu yerda, hech qayoqqa ketmaydi.

Poʻstin ostida qoʻzichoq quridi, isinib oldi.

Tanaboy kechga yaqin otarni bazaga haydab keldi.

Hamma joyida edi, oʻtovdan tutun oʻrmalardi. Chodir oldida saqmonchilar ivirsib yurishardi. Demak, bir amallab kelib olishibdi. Eshim koʻrinmasdi. Ha, rostdan ham, u ertaga oʻzi koʻchib kelish uchun yuk tashuvchi tuyani olib ketuvdi. Hammasi joyida.

Lekin Tanaboyning keyinchalik koʻrgan narsasi uni kuppa-kunduzi boʻlgan momaguldurakday larzaga soldi. U hamma narsa yaxshi boʻladi, deb oʻylamagandi, ammo sovliqlar qoʻzilaydigan qoʻyxonaning qamish tomi chirib, oʻpirilib tushganini, devorlari teshilib, derazasiz, eshiksiz boʻlishini, shamol u chekkasidan kirib, bu chekkasidan chiqayotganini xayoliga ham keltirmagan edi. Atrofda qorlar deyarli erib ketgan, qoʻyxona ichida esa hamon uyulib yotardi.

Qachonlardir xarsang toshlardan qurilgan qoʻra ham xaroba, vayrona holda yotardi. Tanaboy shu qadar xafa boʻlib ketdiki, qizlari qoʻzichoqni koʻrib qanday xursand boʻlayotganlari koʻngliga sigʻmadi. Qoʻzichoqni ularning qoʻliga berdi-da, tevarak atrofni koʻzdan kechirgani ketdi.

Qayergaki qadam qoʻymasin – hamma yerda toqat qilib boʻlmas darajada xoʻjasizlik. Urush boshlangandan beri bu yerda barcha narsa oʻz holiga tashlab qoʻyilgan, sovliqlarni qoʻzilatishni bir amallab eplashtirib, keyin hammasini yomgʻir va shamolga tashlab ketaverishgan boʻlishsa kerak. Saroy tomi ustida bir gʻaram chirigan xashak qiyshayib turardi, sochilgan somon uyumlari yotardi, agar burchakdagi ikki chala qop arpa uni, bir yashik tuzni hisobga olmaganda, butun otardagi qoʻzichoqlar hamda sovliqlarga atalgan yem-xashak va toʻshamaning bori mana shugina edi, xolos. Shu burchakning oʻzida shishalari singan bir necha fonus, kerosinli, zanglagan bidon, ikki bel va siniq panshaxalar tashlab qoʻyilgandi. Mana shularning hammasiga kerosin quyib, yondirib kulini koʻkka sovurgisi va bu yerdan boshi oqqan tomonga ketib qolgisi keldi...

Tanaboy oʻtgan yilgi goʻng va qorning yaxlab qolgan uyumlariga qoqilib-suqilib yurar va nima deyishini bilmas edi. Soʻz topa olmasdi. Xuddi aqldan ozgan kishiday. «Shunday boʻlishi mumkinmi, a?.. Shunday boʻlishi mumkinmi, a?..» deb takrorlagani-takrorlagan edi.

Keyin esa qoʻyxonadan yugurib chiqib, otini egarlashga otildi. Egarlayotganida qoʻllari titrardi. Hozir huv anavi yoqqa otini yeldirib ketadi, tun yarmida hammani oyoqqa turgʻizadi va ularga koʻrsatib qoʻyadi. Anavi Ibrohimni ham, rais Aldanovni ham, Choroni ham yoqasidan tutadi: undan rahm-shafqat kutishmasin! Ular Tanaboyga shunday qilishdimi – undan ham yaxshilik koʻrib boʻlishibdi! Boʻldi, tamom!..

– Qani, toʻxta-chi! – jilovni ushlab olishga ulgurdi Jaydar. – Qayoqqa ketyapsan? Otdan tush, gapimga quloq sol!

E, qayoqda deysiz! Tanaboyni toʻxtatib boʻpsiz.

– Qoʻyib yubor! Qoʻyib yubor! – baqirardi u jilovni tortib, xotinining ustiga ot surib, qamchini qarsillatib. – Qoʻyib yubor, deyapman! Men oʻldiraman ularni! Oʻldiraman!

– Qoʻyvormayman! Sen biron kishini oʻldirging kelyaptimi? Meni oʻldir!

Shu orada Jaydarga saqmonchilar koʻmakka yugurib kelib qolishdi, qizlari chopib kelishdi, qiy-chuv koʻtarishdi.

– Ota! Ota! Qoʻying!

Tanaboy jahldan tushdi, lekin hamon ketmoqchi boʻlib yulqinardi.

– Ushlama meni, axir koʻrmayapsanmi bu yerdagi ahvolni? Huv anavi qoʻzichoqlar bilan turgan sovliqlarni koʻrmayapsanmi axir? Ertaga biz ularni qayoqqa qoʻyamiz, tom qani? Yem-xashak qani? Hammasi harom oʻladi. Kim javob beradi? Qoʻyvor!

– He, toʻxtasang-chi, toʻxta. Xoʻsh, mayli, bording ham deylik, baqirib-chaqirib janjal-toʻpolon qilding ham deylik. Xoʻsh, bundan nima chiqadi? Agar ular shu kunga qadar hech narsa qilishmagan boʻlsa, demak, ularning bunga kuchlari yetmabdi-da. Agar iloji boʻlganda kolxoz yangi ogʻilxona qurgan boʻlmasmidi?

– Tomini yopish mumkin edi-ku! Eshiklari qani? Derazalari qani? Hamma yoq vayrona, qoʻyxonada qor, oʻn yillik qiy chiqarilmagan. Buni qara, bu chirik xashak qancha vaqtga yetadi? Axir qoʻzichoqlarga shunaqa pichan beriladimi? Qoʻy-qoʻzilar tagiga nima toʻshaymiz? Qoʻzichoqlar balchiqqa botib oʻlaverishsinmi, a? Shundaymi seningcha? Qoch, yoʻlimni toʻsma!

– Boʻldi, Tanaboy oʻzingni bos. Nima, sen hammadan ortiqmisan? Koʻpchilik nima boʻlsa, biz ham shu-da. Tagʻin seni erkak deyishadi-ya! –Uyaltirdi xotini. – Yaxshisi, nima qilish mumkinligini oʻylab koʻr, hali ham kech emas. «Tuf» de ularga. Biz javobgarmiz, biz shu ishni qilishimiz kerak. Men huv anavi jarlikka tushaverishda qalin oʻsgan na’mataklarni koʻrdim, toʻgʻri, tikanakli-yu, lekin ularni chopib tomni berkitsa boʻladi, ustidan goʻng tashlaymiz. Qoʻy-qoʻzilar tagiga esa quvray oʻrishga toʻgʻri keladi. Agar havo aynib qolmasa, bir amallab qishdan chiqib olamiz...

Saqmonchilar ham Tanaboyni tinchita boshlashdi. U egardan sirgʻalib tushdi, xotin-xalajlarga parvo qilmay, oʻtovga kirib ketdi. Xuddi ogʻir kasallikdan turganday boshini xam qilib oʻtirdi.

Uyda hamma jimib qoldi. Gaplashgani qoʻrqishardi. Jaydar tezak yoqib qaynatilgan qumgʻonni oldida, achchiq qilib choy damladi. Koʻzada suv keltirib erining qoʻliga suv quydi. Ozoda dasturxonni yozdi, hatto qayoqdandir qant-qurslar ham topib keltirdi, likobchaga sariyogʻ toʻgʻrab qoʻydi. Saqmonchilarni taklif qilishdi va choy ichishga oʻtirishdi. Eh, bu xotinlar-ey! Goʻyo mehmonga kelishganday piyolalardan choy ichib har baloni gapirib oʻtirishardi. Tanaboy jimgina oʻtirib, choy ichdi-da, soʻng oʻtovdan chiqib qoʻy qoʻraning qulab tushgan toshlarini qalay boshladi. Bu bitadigan ish emasdi. Lekin qoʻylarni tunda qamash uchun biron narsa qilish kerak-ku. Ayollar ham chiqishib, toshlarga yopishishdi. Hatto qizaloqlar ham toshlarni koʻtarib keltirish uchun chiranishardi.

– Uyga joʻnanglar, – dedi ularga otasi.

U nomus qilardi. Koʻzlarini yerdan koʻtarmay tosh tashirdi. Haq gapni aytgandi Choro, Jaydar boʻlmaganida Tanaboy bechora boshini omon saqlay olmasdi.

XVI

Ertasiga Tanaboy oʻz otaligʻidagi choʻponlarni koʻchirib kelishga ketdi. Keyin butun hafta boʻyi tinmay ishladi. U hatto shunday qattiq ishlaganini eslay olmasdi. Axir frontda mudofaa liniyasini kecha-yu kunduz uxlamay qurgan emasmidi. Biroq u yerda polk bilan, diviziya bilan, armiya bilan birga edi. Bu yerda-chi, oʻzi, xotini va saqmonchilardan biri. Ikkinchisi esa yaqin oraga qoʻylarni yoygani ketgan edi.

Hammadan ham qoʻyxonani goʻngdan tozalash, na’mataklarni kesib keltirish qiyin boʻldi. Butazor qalin boʻlib, turgan-bitgani tikan edi. Tanaboyning etigi yirtilib, eskirib qolgan soldatcha shineli ham ilma-teshik boʻlib ketgan edi. Kesilgan na’matak shoxlari arqon bilan bogʻlanib sudrab keltirilardi; tikanli boʻlganidan na otga ortib, na orqalab boʻlardi. – Beshtol vodiysi emish, undan beshta toʻnkani ham izlab topolmaysan, – soʻkinardi Tanaboy. Bu la’nati na’matakni ikki bukilib egilib, terga botib tashiyverganlaridan yoʻl to qoʻy qoʻragacha tirmalab chashlangan edi. Tanaboy xotin-qizlarga achinardi, biroq, iloj qancha. Ular xavotirda ishlashardi, ish orasida goh-goh havoga ham qarab qoʻyish zarur edi. Havoning avzoyi qalay? Qor urib bersa bularning hammasi bir pul. U qoʻylar qoʻzilab qolmadimikan deb, xabar olib kelish uchun katta qizini otarga yugurtirdi.

Qoʻyxonani goʻngdan tozalash ham ogʻir edi. Bu yerda shunchalik koʻp goʻng bor ediki, uni yarim yil ichida ham tashib chiqarish mumkin emasdi. Agar qoʻy qiyi yaxshi tom ostida quruq va shibbalangan boʻlsa, uni qirqish ham koʻngilli boʻladi. Bir-biriga zichlashib, qotib qolgan qiyni kessang, palaxsa-palaxsa chiqadi. Ularni quritish uchun katta-katta uyum qilib taxlab qoʻyiladi. Qoʻy qiyining choʻgʻi yoqimli va begʻubor boʻladi, qish sovugʻida choʻponlar uni yoqib isinadilar. Ammo goʻng, bu yerdagidek, yomgʻir yoki qor ostida qolgan boʻlsa, u holda buni tozalashdan ham ogʻirroq ish yoʻq. Tinkani quritadigan ish. Vaqt esa kutib turmaydi. Kechalari is bosgan fonar' yorugʻida ular bu muzdek, yopishqoq, qoʻrgʻoshinday ogʻir balchiqni zoʻr berib zambilda tashir edilar. Mana, ularning ikkinchi sutka ishlashlari.

Qoʻyxona orqasiga kattakon goʻng uyumini tashib chiqarishgan edi, qoʻyxonaning ichi hali goʻng bilan liq toʻla. Kutib turgan qoʻzichoqlar uchun, hech boʻlmaganda, qoʻyxonaning biron burchagini ochishga shoshilishardi. Ona-bola qoʻylarning hammasini joylashtirish uchun butun bir qoʻyxona torlik qilib turgan paytda, bir burchagini ochish nima degan gap, – kuniga yigirmatadan, oʻttiztadan qoʻylar qoʻzilayotgan boʻlsa! «Nima boʻladi?» – faqat shu haqda oʻylardi Tanaboy, zambilga goʻngni solishda ham, tashiyotganda ham, uni toʻkib qaytib kelayotganda ham. Shu tarzda yarim kechadan to tong otarga qadar hadeb oʻylagani-oʻylagan. Gangib qolib, qoʻllari uvushdi. Buning ustiga shamol fonarni oʻchirardi. Yaxshiki, saqmonchilar zorlanmadi, Tanaboy va Jaydar singari ishlashdi.

Oradan bir kun oʻtdi, ikki, uch kun oʻtdi va hokazo. Ular esa hamon goʻngni tashir, devor va tom teshiklarini berkitar edilar. Bir kun kechasi Tanaboy qoʻyxonadan zambil bilan chiqayotib otarda qoʻzichoqning ma’ragani va ona qoʻyning bezovtalanib, unga javoban oyoq tepishini eshitdi. «Boshlandi!» –yuragi shuv etib ketdi.

– Eshityapsanmi? – xotiniga oʻgirilib qaradi Tanaboy.

Ular birdan goʻng solingan zambilni oyoqlari ostiga tashlab, fonarni ushlaganlaricha otar tomon yugurishib qolishdi. Fonarning xira nurida qoʻy galasini timirskilab qaray boshlashdi. Qayoqda u? Huv ana, burchakda! Sovliq qoʻy hozirgina tugʻilib qaltirab turgan uvoqqina qoʻzichoqni yalab turgan edi. Jaydar uni bariga solib oldi. Yaxshiyam oʻz vaqtida ulgurishdi, boʻlmasa qoʻrada muzlab qolgan boʻlardi. Ularning yonginasida yana bir sovliq qoʻzilaganligini koʻrdilar. U egizak tuqqan edi. Bularni Tanaboy plashining etagiga soldi. Beshtasi toʻlgʻoq tutib, kuchanib ma’rab yotgan edi. Demak, boshlanibdi. Ertalabgacha bular ham qoʻzilaydi. Saqmonchilarni chaqirishdi. Qoʻzilagan qoʻylarni qoʻyxonaning haligi naridan-beri tozalangan burchagiga joylashtirish uchun qoʻy qoʻradan ajratib chiqara boshladilar.

Tanaboy devor ostiga poxol toʻshab, onasining ogʻiz sutini birinchi tatib koʻrgan qoʻzichoqlarni yotqizib, ularning ustini qop bilan yopib qoʻydi. Sovuq. Ona qoʻylarni ham shu yoqqa qoʻyib yubordik-ku, – labini tishlagancha oʻylanib qoldi. Oʻylab oʻtirishdan nima foyda? Faqat bir ilojini qilarmiz degan umid qoldi. Qancha ish, qancha tashvish... Hech boʻlmasa poxol yetarli boʻlganda edi, u ham yoʻq. Ibrohim unga ham uzrli sabab topadi. Yoʻlsiz togʻda poxol tashib koʻrchi, deydi.

E, nima boʻlsa boʻlar, borib siyoh solingan bankani olib keldi. Bitta tugʻilgan qoʻzichoq orqasiga ikki, egizaklariga esa uch raqamini yozib qoʻydi. Ona qoʻylarni ham xuddi shunday nomerlab chiqdi. Yuzlab qoʻy qoʻzilagandan soʻng ularni bir-biridan ajratib koʻrchi.

Choʻponlar ishining eng qizgʻin pallasi boshlandi. Boshlanganda ham u xuddi mudofaadagiday, bosib kelayotgan tanklarni hech nima bilan daf eta olmagan paytdagidek shafqatsizlik bilan boshlangan edi. Sen esa okopda turasan va hech qayoqqa ketmaysan, chunki ketish mumkin emas. Ikkisidan biri – yo oxirigacha tik turib olishish, yoki oʻlish kerak.

Tanaboy har kun ertalab qoʻylarni yaylovga chiqarib yuborish oldidan, goʻyo oʻz jabhasini baholayotganday, tepalik ustida jimgina turib atrofga qarardi. Uning mudofaa liniyasi koʻhna, yaramaydigan edi. Biroq, u turib berishi kerak. Uning hech qayoqqa ketishi mumkin emas. Ichidan sayoz soy oqib turgan ilon iziga oʻxshash kichik bir dara doʻngliklar orasida siqilib turar, undan keyin balandroq tepaliklar, ulardan keyin esa yana balandroq qorli togʻlar qad koʻtargan edi. Oppoq yonbagʻirlar tepasida yalangʻoch tosh qoyalari qorayib koʻrinardi. U yerdagi togʻlar ustida yoppasiga muz bilan qoplangan qish yotardi. U bu yoqqa qoʻlini uzatishi mumkin. Faqat harakatga kelishi, pastga bulutlarni tushirib yuborishi va darani tumanlikka gʻarq qilib yuborishi qolgan. Keyin darani qidirib topolmaysan.

Havo aynib, osmon kulrang tusga kirgan edi. Pastlab shamol esardi. Tevarak boʻm-boʻsh. Togʻlar, hamma yoqda togʻlar, qoʻrquvdan kishining yuragi muzlab ketadi. Xaroba qoʻyxonada qoʻzichoqlar ma’rashardi. Otardan qoʻzilay deb qolgan yana oʻn bosh sovliqni haydab kelishdi, qoʻzilasin deb qoʻyxonada qoldirishdi.

Qoʻy galalari jinday boʻlsada, xashak topish uchun sekin yurib ketdi. Endi yaylovda ham ulardan koʻz-quloq boʻlib turish kerak. Shunday paytlar ham boʻladiki, sovliqning yaqin orada qoʻzilashi mumkin ekanligini bilib boʻlmaydi. Keyin, birdan butaning orqasiga boradi-da, boʻshab oladi. Agar vaqtida qaralmasa qoʻzichoq zax yerda yotib, shamollab, kasallanib nobud boʻlishi mumkin.

Shunday boʻlsa ham Tanaboy tepalikda uzoq turib qoldi. Qoʻlini siltab, qoʻyxona tomon yurib ketdi: u yerda ishlar hali koʻngildagidek emas edi. Hali nimalardir qilib ulgurish kerak edi.

Keyin Ibrohim yetib keldi, u un keltirgan edi. Koʻzlari hayosizlarcha boqardi... Qayoqdan olib beraman sizga saroyni? – derdi. Kolxozdagi qoʻyxonalarning hammasi shunaqa. Boshqasi yoʻq. Kommunizmga yetganimiz yoʻq hali.

Tanaboy unga musht koʻtarib tashlanishdan oʻzini arang tutib qoldi.

– Bu yerda sening pichingingga balo bormi? Men ish haqida gapiryapman, men ish haqida oʻylayapman. Men javobgarman.

– Demak, men sizningcha, oʻylamayotgan ekanman-da? Siz qandaydir bir otar uchun javob berasiz, men esa hammasi uchun, siz uchun, boshqalar uchun, butun chorvachilik uchun. Menga oson deb oʻylaysizmi? – Bu olgʻirning birdan ingrab yuborganidan Tanaboy hayratda qoldi, u kaftlari bilan koʻz yoshlarini arta turib gʻoʻldiradi: – Men sudga tushaman! Sudga! Hech qayerdan hech narsa ololmaysan. Odamlar saqmonchilikka hatto vaqtinchalikka ham borishmayapti. Mendan, boshqa hech narsani kutmang ham. Men behuda, behuda bu ishga oʻtgan ekanman...

Shundan soʻng biron tayinli gap aytmay, sodda Tanaboyni xijolatga qoldirib chiqib ketdi. Keyin uni bu yerda boshqa koʻrishmadi.

Hozircha birinchi yuz bosh sovliq qoʻziladi. Vodiyning yuqori qismiga joylashgan Eshim bilan Bektoylarning otarida qoʻzilash hali boshlanganicha yoʻq edi, lekin Tanaboy ofat kelayotganligini sezgandi. Ularning hammasi, katta yoshdagi uch kishi hamda olti yashar katta qizi hozir qoʻylarni boqib yurgan qari choʻpon, ayolni hisobga olmaganda, qoʻzichoqlarni artish, onalarining oldiga olib borish, nima bilan boʻlsa ham isitish, goʻnglarni tashib chiqarish, toʻshash uchun xashak tashib kelishga arang ulgurishardi. Qoʻzichoqlarning ochlikdan ma’rab qichqirgan ovozlari eshitila boshladi, ularga sut yetishmasdi, holdan toygan ona qoʻylarning emizish uchun suti yoʻq edi. Oldinda nimalar kutyapti?

Choʻponlarning bosh qashishga qoʻli tegmaydigan kunlari va tunlari boshlandi. Qoʻylar shu daraja koʻp qoʻzilay boshladiki, ular nafas olishga ham imkon bermasdi.

Kecha havo ularni bir qoʻrqitdi! Birdan qattiq sovuq boshlanib, qora bulutlar osmonda oʻrmalay boshladi, quruq qor yogʻa ketdi. Hamma narsa tumanlikka choʻkib, qorongʻilashdi...

Biroq bulutlar tezda tarqalib havo iliy boshladi.

Havodan koʻklam hidi, nam hidi keladi. «Xudo xohlasa, bahor ham kelib qolar. Kelganda ham turib bersin, agar bir kelib, bir ketadigan boʻlsa, undan yomoni yoʻq», – oʻylardi Tanaboy panshaxada poxol ustidagi qoʻyning yoʻldoshini olarkan.

Bahor ham keldi, ammo Tanaboyning kutganiday boʻlmadi... U birdan tunda yomgʻir, tuman va qor bilan kirib keldi. Oʻzining butun sovuq qor-yomgʻirini, oʻtov, qoʻyxonalar, xullas, nimaiki boʻlsa, hammasining ustiga tashlay boshladi. Muzlagan loyli yerdagi ariqlar, koʻlmak suvlar koʻpirib, toshib ketgan edi. Chirib qolgan tomdan sizib oʻtayotgan suv devorlarni yuvib, qoʻyxonani bosib ketdi, undagi qoʻy qoʻzilarni qaltiroq bosib, suyak-suyagidan sovuq oʻtib ketdi. Hammani oyoqqa turgʻizdi. Hamma qoʻzichoqlar suvda gʻuj boʻlishib bir yerga toʻplanishdi. Ona qoʻylar suvda qoʻzilab ma’rab qichqirardi. Bahor qoʻzichoqlarni tugʻilishi bilanoq muzdek suvga choʻmiltirib choʻqintirdi. Plash kiyib, qoʻllariga fonar' ushlagan kishilar hovliqishardi. Tanaboy oyogʻi kuygan tovuqday tipirchilab qoldi. Katta etiklari bilan qorongʻilikda koʻlmaklar, goʻng shiltalari ustidan kechib yurardi. Plashning etaklari yaralangan qush qanotiday shapillardi. U xirillar, oʻziga oʻzi va boshqalarga baqirardi:

– Tezroq misrangni ber! Belkurakni! Goʻngni bu yoqqa agʻdaringlar! Suvni toʻsinglar!

Hech boʻlmaganda qoʻyxonaga tez oqib kirayotgan suvni chetga burib yuborish kerak edi. Muzlab yotgan yerni chopib, ariq oʻydi.

– Fonarni tut! Bu yoqni yorit! Nega qarab turibsan! Tun esa tuman bilan xiralashib, qor aralash yomgʻir urayotgan edi. Uni aslo toʻxtatib boʻlmasdi.

Tanaboy oʻtovga yugurib ketdi. Chiroqni yoqdi. Bu yerda ham hamma yoqdan chakka oʻtayotgan edi. Biroq qoʻyxonadagidek emasdi. Bolalar uxlashardi, ularning koʻrpasi ham xoʻl boʻlib qolgandi. Tanaboy bolalarni koʻrpa-toʻshagi bilan bir quchoq qilib oʻrab, ularni burchakka koʻtarib keldi. Oʻtovdan kattaroq joy ocha boshladi. Koʻrpa ivib qolmasligi uchun bolalarning ustiga kigizni yopib tashladi va chiqib qoʻyxonadagi xotin-qizlarni chaqira boshladi:

– Qoʻzichoqlarni oʻtovga olib kelinglar! – dedi-yu, oʻzi ham oʻsha yoqqa chopib ketdi.

Ammo oʻtovga bulardan qanchasini joylashtirish mumkin? Koʻp deganda oʻttiz-qirqtasini. Qolganlarini nima qilish kerak. Eh, hech boʻlmasa qoʻldagilarini saqlab qolsak edi.

Mana, tong ham otdi. Yogʻingarchilikning oxiri ham koʻrinmasdi.. Bir oz tingan boʻladi, keyin yana goh yomgʻir, goh qor, goh yomgʻir, goh qor...

Oʻtov qoʻzichoqlarga toʻlgan. Ular toʻxtovsiz ma’rashardi, sassiq hid. Buyumlarni bir joyga uyib, brezent bilan yopib qoʻyishdi. Oʻzlari esa saqmonchilarning chodiriga koʻchib oʻtishdi. Bolalar sovqotib, yigʻlashardi.

Choʻponning qora kunlari keldi. U oʻz taqdirini qargʻaydi. Hammani soʻkadi, olamdagi hamma narsani. Choʻpon boshidan oyogʻigacha jiqqa hoʻl boʻlgan qoʻylar, sovuqdan toʻngʻayotgan qoʻzichoqlar orasida uxlamaydi, yemaydi-ichmaydi va soʻnggi kuchlari bilan kurashadi. Oʻlim zax qoʻyxonadagi qoʻy-qoʻzilarni qiyrata boshladi. Oʻlimning bu yerga kirib kelishi – oʻpirilgan tom orqali, oynasiz deraza orqali, eshik oʻrni orqali, istagan joydan kirib kelaverishi qiyin emas edi. U kirib keldi-yu, qoʻzichoqlarni va zaiflashib qolgan ona qoʻylarni qira boshladi. Choʻpon koʻkarib ketgan qoʻy oʻliklarini bir nechtalab tashib qoʻyxona orqasiga uya boshladi.

Dalada, qoʻy qoʻrada esa qorni osilgan boʻgʻoz sovliqlar qor va yomgʻir ostida turishardi. Ular bugun-erta tugʻadigan. Ularni yomgʻir savalardi, jagʻlari qarishib, hoʻl junlari tutam-tutam boʻlib osilib turardi.

Qoʻylar yaylovga borishni istashmasdi. Shunday sovuq va loygarchilikda yaylovda nima bor. Qop yopinib olgan keksa saqmonchi ayol ularni quvlaydi, qoʻylar esa, goʻyo bu yerda oʻzlariga jannat tayyorlab qoʻyilganday, hadeb orqaga tisarilishadi. Ayol yigʻlaydi, ularni toʻplaydi, yana haydaydi. Ular esa tumtaraqay boʻlib yana orqalariga qochadilar. Tanaboy gʻazablangan holda chopib chiqadi. Qani endi bu tentak qoʻylarni tayoq bilan savalasang. Ammo ularning qornida bolasi bor. Boshqalarni chaqirib, hammalari birgalikda ne qiyinchiliklar bilan qoʻylarni yaylovga haydab yuboradilar.

Bu ofat boshlangandan beri Tanaboy qancha vaqt oʻtganini bilmaydi, qoʻzilatish paytidagi hisob-kitobidan adashib qoldi. Koʻpchiligi ikkitadan, hatto uchtadan qoʻzilashdi. Ammo butun boylik nobud boʻldi, hamma mehnat zoye ketdi. Qoʻzichoqlar tugʻilgan kuniyoq loy va goʻng shiltasi ustida harom oʻlib qolaverdi. Qolganlari ham yoʻtalardi, xirillardi, ichi ketib bir-birovlarini bulgʻab iflos qilib tashlashardi. Bolasiz qolgan sovliqlar ma’rashardi, yugurishardi, toʻlgʻoq tutib yotganlarini turtib, bosib oʻtishardi. Bularning hammasi, qandaydir, gʻayri-tabiiy ofat edi. Eh, qoʻzilash, hech boʻlmaganda, bir oz sekinlashganda edimi! – Tanaboyning istagi shu edi.

Sovliqlar esa xuddi maslahatlashib qoʻyishganday, birining ketidan biri, birining ketidan biri qoʻzilardi.

Tanaboyning qalbida dahshatli adovat oʻti yondiki, bu yaramas qoʻyxonada sodir boʻlgan jamiki narsalarga: qoʻylarga ham, oʻziga ham, oʻz hayotiga ham, bu yerda jon berib, jon olib yurgan ishiga ham nafrati oshib koʻz oldini qorongʻilik qoplay boshladi.

U bir oz es-hushini yoʻqotib qoʻydi, oʻy-xayollardan koʻngli behuzur boʻla boshladi. Ularni qanchalik quvib yuborishga urinmasin, yana nari ketmay qalbiga, miyasiga joylashib olmoqchi boʻlardi: «Nega bunday? Bu kimga kerak edi? Nega biz qoʻylarni qoʻzilatyapmiz, ularni saqlay olmasak? Kim aybdor bunga? Kim? Javob ber, kim? Sen va senga oʻxshagan vaysaqilar. Biz hammasini koʻtaramiz, yetib olib, oʻzib ketamiz, soʻz beramiz. Chiroyli gapiramiz. Mana koʻtar endi, harom oʻlgan qoʻzichoqlarni. Chiqarib tashla ularni. Huv anavi xalqobda oʻlib yotgan sovliqni sudrab kel. Koʻrsat oʻzingni, kim ekanligingni...»

Ayniqsa kechalari tizzasigacha loyda va qoʻy siydigida shaloplab kechib yurarkan, alamli va iztirobli oʻylardan Tanaboyning nafasi qisilardi.

O, bu qoʻzilatish pallasining uyqusiz tunlari! Oyoq ostingda bijib ketgan goʻng botqogʻi, tepangdan yomgʻir quymoqda. Shamol qoʻyxonada xuddi daladagidek kezib yurar, fonarlarni oʻchirar edi. Tanaboy yangi tugʻilgan qoʻzichoqlarni bosib olmaslik uchun paypaslanib, qoqilib-surinib, kaftlarini yerga qadab, tizzalab yurib boradi, fonarni topib yoqadi va uning yorugʻida oʻzining goʻngga va qonga belanib qop-qora boʻlib shishib ketgan qoʻllarini koʻradi.

U koʻpdan beri oʻzini oynada koʻrmagan edi. Sochlari oqarib, oʻzining ancha keksayib qolganini sezmasdi. Endi uni keksalar qatoriga qoʻshsa boʻlardi. Oʻziga qaray olmasdi, bunga fursati yoʻq edi. Ovqatlanishga, yuvinishga vaqti yoʻq edi. Bir zum oʻziga ham, boshqalarga ham tinchlik bermasdi. Ishning bunday fojeali ahvolda borayotganligini koʻrib yosh saqmonchi qizni otga mingizdi:

– Yoʻrtib borib Choroni topgin. Aytgin, tez kelsin, agar kelmaydigan boʻlsa u holda qaytib koʻzimga koʻrinmasin.

Kechga tomon qiz ot chopib keldi, koʻm-koʻk koʻkarib, butunlay uvib ketgan holda otdan sakrab tushdi:

– Kasal ekan u, Tanaka, toʻshakda yotibdi, bir-ikki kundan soʻng oʻlsam ham boraman, deb aytdi.

– Bu kasaldan boshi chiqmasin! – deb soʻkindi Tanaboy.

Jaydar uning tanobini tortib qoʻymoqchi boʻldi-yu, lekin botina olmadi, hozir buning mavridi emasdi.

Oradan uch kun oʻtgandan soʻng havo ochila boshladi. Bulutlar erinchoqlik bilan sudralib ketishdi, togʻlardan tuman koʻtarildi. Shamol tindi. Biroq kech kirib qolgan edi. Bu kunlar ichida boʻgʻoz sovliqlar shu daraja oriqlab ketgan ediki, hatto ularga qarab boʻlmasdi. Ozib-toʻzib, ingichka oyoq ustida, puflaganday katta qorinlarini osiltirib turishardi. Ularni sut emizuvchi sovliq deb qanday aytish mumkin! Hozircha qoʻzilab tirik qolgan sovliqlar, qoʻzichoqlardan koʻpchiligi bahorga chiqib olib, koʻkatga ogʻzi tekkandan keyin sogʻayib ketisharmikin? Ertami-kechmi, kasallik ularni yiqitadi. Yoʻqsa, «xoʻrda» boʻladi: undan na jun, na goʻsht olish mumkin...

Havoning endigina ochilishi bilan yana boshqa falokat yuz berdi – yer yuzi muzlay boshladi. Biroq tushga borib yumshadi. «Ehtimol, yana qolganini saqlab qolish mumkin boʻlar», quvonib ketdi Tanaboy. Yana belkurak, panshaxa, zambilni ishga solishdi. Oz boʻlsa ham qoʻyxonaga yoʻl ochish kerak, boʻlmasa qadam bosishga yoʻl yoʻq. Bu bilan bir oz mashgʻul boʻldi. Hali yana onasiz qolgan qoʻzichoqlarni ovqatlantirishi, ularni bolasiz sovliqlarning yoniga olib borishi kerak. Ular esa boʻysunishmas, begona qoʻzichoqlarni yaqiniga yoʻlatishmas edi. Qoʻzichoqlar tumshuqchalari bilan turtib-niqtab sut soʻrashar, muzdek ogʻizchalari bilan barmoqlarni tortqilab soʻrishardi. Tortib olguday boʻlsang plashning ifloslanib kir boʻlib ketgan barini shimishar, ovqat qidirishar edi. Ma’rab yurgan qoʻy toʻdalari orqasidan chopishardi.

Koʻz yoshi qilsami, yoki tars yorilib ketsami. Bu xotinlardan va yosh qizlardan yana boshqa nimani ham talab qilishi mumkin. Oyoqda arang turishibdi. Shilta hoʻl plashda yurganlariga qancha boʻldi. Ularga hech nima demasdi Tanaboy. Lekin bir safar oʻzini tutib turolmadi. Keksa xotin qoʻylarni kunning yarmida qoʻraga haydab keldi, Tanaboyga yordamlashmoqchi boʻldi. Tanaboy qoʻylarning ahvolidan xabar olmoqchi boʻlib yugurib chiqdi. Ularga koʻz tashlashi bilan tutaqib ketdi. Qoʻylar turgan joyida bir-birovining yungini yamlab yeyishayotgan edi. Demak, bu qoʻylar ochligidan oʻlib ketadigan boʻlibdi. Tanaboy yugurib borib ayolga oʻshqirdi:

– Ha kampir, senga nima balo boʻldi? Koʻrmayapsanmi! Nega nafasing chiqmaydi? Yoʻqol bu yerdan! Otarni hayda. Ularni biron yerda tutib turma. Bir-birining yungini gʻajishga ham yoʻl qoʻyma. Biror daqiqa ham toʻxtatma. Boʻlmasa oʻldiraman!

Bu yerda yana boshqa falokat – egizak tuqqan sovliqlardan biri oʻz bolalarini yaqiniga yoʻlattirmayapti. Ularni suzib, tepib haydab yuboradi. Qoʻzichoqlar boʻlsa intilib, zorlanib yigʻlashardi. Bu hol ona qoʻyning jon saqlab qolish uchun qoʻzichoqlarni emizishdan instinktiv ravishda voz kechganida yuz berishi mumkin, chunki uning organizmi kuch-quvvatdan ketgan boʻlib, boshqani boqishga holi kelmaydi. Bu hodisa yuqumli kasallik singaridir. Bitta sovliq bolasini emizmasa, boshqalar ham undan oʻrnak oladi.

Sarosimaga tushib qoldi Tanaboy. Ular qizcha bilan birgalikda ochlikdan bir-birini yeb qoʻyish holiga kelgan ona qoʻylarni qoʻzichoqlari bilan qoʻy qoʻraga qamab, bu yerda ularni oʻz bolalarini emizishga majbur etdilar. Tanaboyning oʻzi sovliqlarni tutib turdi, qizi esa qoʻzichoqlarni ularning yeliniga olib bordi. Biroq ona qoʻy aylanib, buralib, tipirchilardi. Qizcha bu ishni uddalay olmadi.

– Ota, ular emisha olmayapti.

– Emishadi, oʻzing uddasidan chiqa olmayotgandirsan.

– Yoʻgʻ-e, koʻryapsiz-ku, ular yiqilib tushishyapti. – Qizchaning yigʻlab yuborishiga oz qolgan edi.

– Qani ushlab turchi, men oʻzim!

Koshki uning kuchi yetsa ona qoʻyni ushlab turishga. Otasi qoʻzichoqni emchagiga tutishi, u endigina ema boshlashi bilan ona qoʻy birdan oʻrnidan qoʻzgʻalib qizchani yiqitib qochib qoldi. Tanaboyning toqati toq boʻldi. Qizining yuziga bir shapati urdi. U hech qachon bolalarini urmagan edi. Endi esa alamini qizidan oldi. Qizcha burnini tortib yigʻlay boshladi. Tanaboy boʻlsa uni tashlab, qoʻl siltagancha chiqib ketdi.

Bir oz yurib qaytib keldi, qizidan qanday kechirim soʻrashni bilmasdi. Uning oʻzi chopib keldi:

– Ota, ona qoʻy qoʻzichoqlarni emiza boshladi. Biz oyim bilan ularni sovliqlarga tuta boshladik. U endi qoʻzichoqlarni tepib haydamayapti.

– Unday boʻlsa juda soz, yasha qizim.

Birdan oʻzini yengil his qildi Tanaboy. Goʻyo ishlar bir oz yurishganday. Ehtimol, qolganlarini yana saqlab qolish mumkin boʻlar. Koʻryapsanmi, havo ham yumshayapti! Nogahonda, chinakam bahor boshlanib, choʻponning qora kunlari oʻtib ketsa? Yana u ishga tutindi. Ishlash, ishlash! – faqat shu yoʻl bilangina ularni saqlab qolish mumkin.

Otda oʻspirin yigit – hisobchi kelib qoldi. Xayriyat... Ahvol qalay, deb soʻraydi.

Tanaboyning soʻkib yuborishiga sal qoldi. Endi nimasini soʻraysan?

– Ilgariroq qayerda eding.

– Qayerdasi nimasi? Otarma-otar aylanib yuribman, yakka oʻzim ulgurolmayapman.

– Boshqa otarlarda ahvol qalay?

– Ahvol chatoq, shu uch kun ichida koʻpi qirilib ketdi.

– Choʻponlar nima deyishyapti?

– Eh, soʻramang. Soʻkinishadi. Bir xillari gaplashishni ham istamaydi. Bektoy meni hovlidan haydab chiqardi. Jahli chiqib yuribdi, yaqiniga yoʻlab boʻlmaydi.

– Ha-a. Uning oldiga chopib borib kelay desam bosh qashishga ham qoʻl tegmaydi. Ishdan boʻshab birrov borib kelarman, sen-chi?

– Men qanday bora olaman? Hisob olib borayotgan boʻlsam.

– Bizga biron yordam keladimi?

– Boʻladi. Choroni sogʻayib chiqibdi deyishyapti. Aravalarda pichan, poxol yuborgan emish. Otxonalardagi yem-xashakning hammasini olishibdi. Oʻlsa ham otlar oʻlsin degan emish. Ha, aravalarni qayerdadir tiqilib qolishgan deyishadi, yoʻllarning qanaqa ekanligini oʻzing koʻryapsan-ku.

– Yoʻllar emish! Nega ilgariroq oʻylab koʻrishmadi? Bizda hamma vaqt shunaqa. Endi aravalarni yuborishdan na foyda. Hali men ularning adabini berib qoʻyaman! – doʻq urdi Tanaboy. – Soʻrab oʻtirmasdan oʻzing borib koʻrgin, hisoblab yozavergin. Endi menga baribir! – dedi va soʻzni kesib, qoʻyxonaga – sovliqlarni tugʻdirishga ketdi.

Bugun yana oʻn beshta sovliq qoʻzilagan edi. Tanaboy borib qoʻzichoqlarni yigʻib oldi. Qarasa, hisobchi unga qogʻozni uzatyapti:

– Oʻlgan qoʻylarga qoʻl qoʻying.

Tanaboy qaramasdan qoʻl qoʻydi. U shunday zarb bilan imzo chekdiki, qalam sinib ketdi.

– Xayr, Tanaka. Balki biron gapingiz bordir, ayting yetkazaman.

– Aytadigan hech qanday gapim yoʻq, – dedi, keyin shunday boʻlsa-da, yigitchani toʻxtatib: – Bektoynikiga kirib oʻt. Aytginki, ertaga vaqt topib tushlikka yetib boraman.

Tanaboy behuda tashvishlangan edi. Bektoyning oʻzi ilgariroq yetib keldi. Kelganda yana qanday yetib keldi deng...

Oʻtgan kecha yana shamol esib, ertalabgacha pishak izi qor yogʻib chiqdi. Qoʻrada, tun boʻyi oyoqda turib chiqqan qoʻylar ustini oqartirib qoʻydi. Ular endi yotishmasdi. Gʻuj boʻlib olib, qimir etmasdan atrofdagi hamma narsaga beparvo turishardi. Yem-xashaksiz uzoq qolib ketishdi. Bahor bilan qish oʻrtasidagi kurash juda ham choʻzilib ketdi.

Qoʻyxona sovuq. Qor uchquni tomning yomgʻir yuvib ketgan joylaridan uchib tushib, fonarning xira yorugʻida parvonadek aylanib, sekingina pastga, sovuqdan qotgan qoʻy va qoʻzichoqlarning ustiga qoʻnardi. Tanaboy boʻlsa qattiq jangdan keyin oʻliklarni koʻmish komandasidagi soldatdek hamon qoʻylarning orasida turtinib-surtinib oʻz xizmatini bajarish bilan ovora edi. Endi u oʻzining ogʻir ahvoliga koʻnikkan, ogʻir xayollari, gʻazabi alamzadalikka aylandi. Alamlari yuragiga nashtar boʻlib qadalib, egilishga ham imkon bermas edi. U etigi bilan shaltoqda shaloplab kechib, oʻz ishini bajarib yurarkan, bu tungi soatlarda ba’zan oʻzining oʻtgan hayotini eslardi...

U yoshlik kezlarida dastyor choʻpon bola boʻlib yurgandi. Akasi Quliboy bilan birgalikda bir qarindoshlarining qoʻylarini boqib yurishardi. Oradan yil – oʻn ikki oy ham oʻtdi, ular faqat ovqat uchun, kundalik tirikchilik oʻtkazish uchun ishlab yurganlari ma’lum boʻldi. Xoʻjayin ularni aldadi. U gaplashishni ham istamadi. Shu tariqa ular oyoqlari yirtiq choriqlarni sudrab qup-quruq, eski xaltalarini yelkalariga osgancha joʻnab ketdilar. Ketaturib, Tanaboy xoʻjayinga doʻq urdi:

«Qarab tur, men ulgʻayganimdan keyin buni esingga solib qoʻyaman». Quliboy esa hech nima demadi. U ukasidan chamasi besh yoshlar katta edi. U bu bilan xoʻjayinni qoʻrqita olmasliklarini bilar edi. Oʻzi xoʻjayin boʻlib qoʻylarga, yerlarga ega boʻlsa unda boshqa gap. «Xoʻjayin boʻlsam – ishchilarni hech qachon xafa qilmayman», deb aytgan edi u oʻsha kezlarda. Shu bilan ular oʻsha yili ajralishib ketdilar. Quliboy boshqa boyning qoʻylarini boqishga ketdi, Tanaboy boʻlsa Aleksandrovkaga borib, muhojir rus dehqoni Yefremov qoʻlida batrak boʻlib ishladi. Bu kishi uncha badavlat boʻlmay, bir juft hoʻkizi, bir juft oti va oʻz yeriga ega edi. Gʻalla ekardi. Avliyo ota shaharchasidagi vol'sovkalik tegirmonda bugʻdoy torttirardi. Oʻzi ertadan to kechgacha ishlardi. Tanaboy koʻproq uning hoʻkizlariga va otlariga qarash bilan ovora boʻlardi. Talabchan edi, ammo adolatsizlik ham qilmasdi. Belgilangan haqni berib turardi. Oʻsha davrdagi qirgʻiz kambagʻallari doimo oʻzlarining hamyurtlari qoʻlida ishlashdan koʻra rus xoʻjayinlariga yollanishni afzal koʻrishardi. Tanaboy ruscha gapirishni oʻrganib oldi. Xoʻjayini bilan birgalikda Avliyo ota shaharchasiga yuk tashib, dunyoning bordi-keldisidan bir oz xabardor boʻlib qoldi. Koʻp oʻtmay revolyutsiya yuz berib, hamma narsa ostin-ustin boʻlib qoldi. Tanaboylarning zamoni keldi.

Tanaboy ovulga qaytib keldi. Endi oʻzgacha hayot boshlangan edi. Yer ham, erk ham, huquq ham hammasi birdan kelgan edi. Tanaboyni batraklar komitetiga saylagan edilar. U Choro bilan oʻsha yillari uchrashgan edi. Choro xat-savodli edi, yoshlarni yozishga, hijjalarga boʻlib oʻqishga oʻrgatardi. Tanaboy singari batraklar uchun qanday boʻlmasin xat-savod oʻrganish juda zarur edi. Tanaboy Choro bilan birgalikda komsomol yacheykasiga kirishdi. Ular partiyaga ham bir vaqtda oʻtishgan edilar. Hammasi oʻz yoʻlida ketayotgan edi, kambagʻallar endi qnyinchiliklar bilan katta yoʻlga tushib olayotgan edilar. Kollektivlashtirish boshlanganda Tanaboy bu ishga butun vujudi bilan berilib ketdi. Yer, qoramol, mehnat, istak-orzularning hammasi umumiy boʻlganligidan yangi dehqon turmushi uchun kurashda u jonbozlik koʻrsatmasa, kim koʻrsatardi. Yoʻqolsin quloqlar! Jangu jadal, keskin kurash davri boshlandi. Kunduz egarda, tunda majlis, kengashlarda yurishar, quloqlarni roʻyxatga olishardi. Boylar, mullalar va boshqa boyib ketgan kishilar daladagi oʻtlar singari supurib tashlangan edi. Yangi maysalarning unib chiqishi uchun dalalarni tozalash kerak edi. Quloqlarni tugatish roʻyxatida Quliboy ham borligi ma’lum boʻlib qoldi. Oʻsha kezlarda Tanaboy majlis va miting oʻtkazib ot chopib yurar ekan, akasiga jir bitib qolgan edi. Bir bevaga uylanib oldi, xoʻjaligi rivojlana boshladi. U qoʻy, sigir, bir juft ot, qulunli sogʻiladigan biya, omoch, borona va boshqa narsalarga ega edi. Yigʻim-terim paytida ishchilar yollar edi. Uni boy-badavlat boʻlib ketdi deb boʻlmas edi. Ammo kambagʻal ham emas edi. Yaxshi yeb, yaxshi ishlardi ham.

Qishloq Sovetining majlisida navbat Quliboyga kelganda Choro:

– Qani oʻrtoqlar, bir oʻylashib koʻraylik. Uni quloq qilish kerakmi yoki yoʻqmi? Quliboy singari kishilarning qolxozga foydasi tegib qolmasmikin. Uning oʻzi kambagʻallardan chiqqan boʻlsa. Teskari tashviqot olib borgan boʻlmasa, – dedi.

Quliboy haqida turlicha gaplar boʻldi. Kim uning tarafini oldi, kimlar qarshi chiqdi. Soʻzlamagan Tanaboy qolgan edi. U qargʻa singari hurpayib oʻtirgan edi. Oʻgay aka boʻlsa ham baribir aka. Lekin unga qarshi borishi kerak. Ular bir-birovlarini kam koʻrishsa ham tinch-totuv yashashardi. Har biri oʻz ishi bilan ovora edi. Unga tegmanglar desa, unda boshqalar nima boʻladi – boshqalarning ham himoyachisi, qarindosh-urugʻlari topilishi mumkin. Oʻzlaring hal qilinglar desachi, iniga urib ketdi deyishlari mumkin.

Odamlar uning nima deyishini kutayotgan edilar. Ular Tanaboyning gʻazablanayotgani uchun ham kutayotgan edilar.

– Sen, Choro, hamma vaqt shunaqa qilasan! – soʻzlay boshladi u oʻrnidan turarkan. – Gazetalarda kitobiy odamlar haqida, joylardagi ziyolilar haqida yozadilar. Sen ham ziyolisan. Sen doimo shubhalanasan, biron ishkal chiqib qolmasin deb choʻchiganing choʻchigan. Nimaga shubhalanish mumkin? Roʻyxatda bor ekan – demak quloq! Hech qanday rahm-shafqat ham kerak emas! Sovet hokimiyati uchun men oʻz otamga ham rahm-shafqat qilmayman. U boʻlsa mening akam, sizlar xijolat tortmasangizlar ham boʻladi. Sizlar yoʻq desangiz, uni mening oʻzim quloq qilaman.

Quliboy ertasiga unikiga keldi. Tanaboy akasini sovuq kutib oldi, koʻrishish uchun qoʻl ham bermadi.

– Nima uchun meni quloq qilasizlar? Axir batrak boʻlib ishlamaganmidik? Axir boy oʻz hovlisidan sen bilan meni haydab yubormadimi?

– Endi buning ahamiyati yoʻq. Sening oʻzing boy boʻlib qolding.

– Qanday boy boʻlayin men? Oʻz mehnatim bilan topdim-ku buning hammasini. Hech narsani ayamayman, kerak boʻlsa olinglar hammasini. Faqat nega meni quloqqa chiqarasizlar? Xudodan qoʻrq, Tanaboy!

– Baribir sen dushman sinfsan. Biz esa kolxoz qurishimiz uchun seni yoʻqotishimiz kerak. Sen bizning yoʻlimizda koʻndalang boʻlib turibsan, biz esa seni yoʻldan olib tashlashimiz kerak...

Bu ularning soʻnggi soʻzlashishi edi. Mana, oradan yigirma yil oʻtdi-ki ular bir-biri bilan gaplashgani yoʻq. Quliboyni Sibirga surgun qilganlarida ovulda qancha gap-soʻz boʻldi. Tanaboyni ozchilik himoya qilardi. Koʻpchilik esa: «Bunaqa ukaning boʻlganidan boʻlmagani yaxshi. Sadqai nasab ketsin» deb qoralardi. Ayrim kishilar toʻgʻridan-toʻgʻri yuziga aytardi. Ochigʻini aytganda odamlar undan yuz oʻgirgan edilar. Oshkora suratda boʻlmasa ham, uning nomzodini koʻrsatganlarida ovoz berishdan bosh tortib, betaraf qoladigan boʻldilar. Shu tariqa u bora-bora aktivdan chetga chiqib qoldi. Baribir, u quloqlar kolxozlarga oʻt qoʻyib, kishilarni otganlaridan soʻng oʻzini oqlab oldi, eng muhimi, kolxoz jonlanib, yildan-yilga ishlar yurishib ketdi. Endi butunlay oʻzgacha hayot boshlangan edi. Yoʻq, oʻsha topda boʻlib oʻtgan ishlarning hammasi zoye ketmadi.

Tanaboy oʻsha yillardagi boʻlib oʻtgan hamma narsalarni to ipidan ignasigacha xotiridan oʻtkazdi. Goʻyo uning butun hayoti kolxozlar kuchga kirgan oʻsha ajoyib damlarla oʻtib ketganday edi. U yana oʻsha kezlardagi «Qizil durrali zarbdor qiz» ashulasini esladi, kolxozga birinchi marta berilgan polutorka mashinasini, uning kabinasida qizil bayroq ushlab turganini esladi.

Tanaboy tuni bilan qoʻyxona atrofida yurdi, oʻzining ogʻir vazifasini oʻtadi va alamli oʻylarni oʻyladi. Nega endi hammasi chok-chokidan ajralib ketyapti? Balki boshqa yoʻldan ketishgandir? Ehtimol yanglishishgandir. Yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas! Tanlangan yoʻl – toʻgʻri yoʻl edi. Boʻlmasa nega unday boʻldi? Adashib qolishdimikin? Yoʻldan ozishdimikin? Qachon va qanday yuz berdi bu ahvol? Mana endi musobaqa degan gaplar ham chiqib qoldi – majburiyatga yozishyapti, bu yerda ahvoling nima kechdi, senga nima boʻldi, nima qoʻydi, bu bilan hech kimning ishi boʻlmaydi. Ilgari qizil, qora doskalar boʻlardi, har kuni qancha gap-soʻz, qancha bahslashuvlar boʻlardi: kimni qizil doskaga, kimni qora doskaga yozishdi, kishilar uchun bu muhim edi. Endi boʻlsa bularning hammasi eskirgan, vaqti oʻtib ketgan narsalar emish. Xoʻsh, ular nima bilan almashdi? Quruq gap, va’dabozlik. Amalda hech narsa yoʻq. Nega shunday? Bularning hammasiga kim aybdor?

Bunday cheksiz oʻy-xayollardan Tanaboy toliqib ketdi. Kalavaning uchini topolmay gangib qoldi. Ishning koʻpligidan kalovlab qoldi. U yosh saqmonchi qizning devorga suyanib bosh qoʻyganini koʻrdi. Yalligʻlanib qizarib ketgan koʻzlarining yumilib, uyqu bilan olishayotganini va keyin sekin sirgʻalib yerga oʻtirib qolib boshini tizzasiga qoʻyganicha uxlab qolganini koʻrdi. Uni uyqudan uygʻotmadi.

Oʻzi ham devorga suyanganicha sekin pastga sirgʻalib tusha boshladi va oʻzini tuta olmay, yelkasidagi ogʻirlik uni ham asta-sekin pastga buka boshladi.

U boʻgʻiq qiyqiriqdan va qandaydir yerga bir narsaning «gum» etib urilganidai uygʻonib ketdi. Hurkib sakrab ketgan qoʻylar uning oyoqlarini bosib oʻtishdi. Tanaboy nima gap ekanligini bilmasdan oʻrnidan irgʻib turib, atrofni koʻzdan kechira boshladi. Tong yorishib qolgan edi.

– Tanaboy, Tanaboy, yordam ber, – deb chaqirayotgan edi xotini.

U tomon saqmonchi xotinlar, ularning orqasidan Tanaboy yugurib borishdi. Qarasalar, u shiftdan qulab tushgan toʻsin yogʻoch ostida yotardi. Toʻsinning bir uchi yomgʻir yuvib ketgan devordan sirgʻalib chiqib, chirib qolgan tomning ogʻirligidan qulab tushgan edi. Uyqudan asar ham qolmadi.

– Jaydar! – baqirib yubordi u, yelkasi bilan toʻsinning tagiga kirib zarb bilan koʻtararkan.

Jaydar voy-voylaganicha yogʻoch ostidan emaklab chiqdi. Xotinlar bir narsalar deb yigʻlab uni paypaslab koʻra boshladilar. Qoʻrquvdan hech narsani tushunolmay qolgan Tanaboy ularni har tomonga surib, qaltiroq qoʻllari bilan xotinining fufaykasi ostini paypaslay boshladi:

– Nima, nima boʻldi senga?

– Voy, belim! Belginam!

– Lat yedimikin? Qani, qani! – u darhol plashini yechdi, unga Jaydarni solganlaricha qoʻyxonadan olib chiqdilar va palataga olib borib koʻra boshladilar. Sirtdan hech qanday lat yemaganday edi. Ammo aslida qattiq shikastlangandi. Ogʻriq azobidan qimirlay olmasdi.

Jaydar yigʻlardi:

– Endi nima boʻladi? Bu falokat qayoqda kutib turgan ekan, shunday dolzarb kunlarda-ya, endi hollaring nima kechadi?.

«Ey Xudo! – dedi Tanaboy xayolan. – Tirik qolganiga shukur qilsachi, bu boʻlsa? Qurib ketmaydimi bu ish! Faqat sogʻ-omon boʻlsak boʻlgani, boyoqishim...»

U xotinining boshini silay boshladi:

– Nima boʻldi senga, Jaydar, tinchlan, sogʻayib oyoqqa turib ketsang boʻlgani. Boshqa ishlar uchun hech tashvish tortma, eplaymiz...

Shundan keyingina ayollar oʻzlariga kelib, bir-birlariga gal berishmasdan Jaydarga nasihat qilib, uni tinchlantira boshladilar. Jaydar ham yengil tortgandek, koʻz yoshi aralash kulimsiradi.

– Mayli, bu voqea sodir boʻlganidan xafa boʻlmang, men uzoq yotmayman, bir-ikki kundan soʻng turib ketaman, ana koʻrasiz.

Ayollar unga oʻrin solishga va gulxan qalashga hozirlik koʻrdilar, Tanaboy esa qoʻyxonaga qaytib ketdi. U baxtsizlik yonlab oʻtib ketganiga hamon ishonmasdi.

Yangi yoqqan yumshoq qor uzra oppoq tong ota boshladi. Qoʻyxonada Tanaboy toʻsin ostida qolgan qoʻyni topib oldi. Boya ular buni koʻrishmagan ekan. Qoʻzichoq oʻlib yotgan sovliqning yelinini tumshuqchasi bilan turtkilab yotgan edi. Xotinining salomat qolganini eslab, bu hol Tanaboyga yanada qoʻrqinchli va yanada quvonchli tuyuldi. Tanaboy onasiz qolgan qoʻzichoqni olib unga boshqa sovliqni izlashga ketdi, soʻng toʻsin ostiga devorga suyab tirgovich qoʻydi, u yoqda xotinining holi nima kechganidan xabar olish uchum borish zarurligi haqida oʻylardi.

Tashqariga chiqqanda yaqindagi qor ustida sekin tentib yurgan qoʻylar suruviga koʻzi tushdi. Begona bir choʻpon qoʻylarni u tomon haydab kelayotgan edi. Bu qanday otar boʻldi? Nega u qoʻylarni bu yoqqa haydab kelyapti? Ular aralashib ketadi-yu, qandogʻ boʻldi? Tanaboy bu ovsar choʻponning birovning yaylovida yurganini aytib ogohlantirmoqchi boʻldi.

Tanaboy yaqinroq borib, otarni Bektoy quvib yurganini koʻrdi.

– Ey, Bektoy, senmisan?

U hech nima demadi. Indamasdan qoʻylarni u tomon haydab kelaverdi, tayoq bilan qoʻylarning orqasiga doʻpposlab urardi, «Iye, bu boʻgʻoz sovliqlarga nega muncha azob beryapti!» – Tanaboyning jahli chiqdi.

– Qayoqdan kelyapsan? Qayoqqa? Assalom alaykum.

– Bir joydan. – Qayoqqa borayotganimni esa, oʻzing koʻrib turibsan. – Bektoy unga yaqin keldi, belini chilvir bilan mahkam bogʻlab, qoʻlqopini qoʻyniga – plashining ostiga tiqib qoʻygan edi.

Tayogʻini orqasida tutganicha bir necha qadam narida toʻxtadi, ammo salomlashmadi. Jahl bilan tupurdi-da, qor ustidagi tupugini oyogʻi bilan ishqaladi. Boshini birdan koʻtardi. Oʻsib ketgan qop-qora soqoli xuddi uning yosh va chiroyli yuziga yopishtirib qoʻyilganday edi. Javdirab turgan oʻtkir koʻzlari qovoq ostidan xoʻmrayib nafrat va adovat bilan qarardi. U yana tupurdi, titrab-qaqshab qoʻlida ushlab turgan tayogʻini siltab, qoʻylar tomon ishora qildi.

– Ol ularni. Istasang sana, istamasang oʻzing bilasan, uch yuz sakson besh bosh.

– Nima uchun?

– Ketaman.

– Ketamaning nimasi? Qayoqqa ketasan?

– Boshim oqqan tomonga.

– Axir men aybdormanmi?

– Aybing shuki, sen meni otaliqqa olgansan.

– Nima boʻpti? Toʻxta, toʻxta deyman, qayoqqa? Qayoqqa otlanyapsan? – faqat shundagina Tanaboy oʻz otaligʻidagi choʻponning niyatini anglab yetgan edi. Boshiga quyilib kelgan qondan yuragi siqilib, qizishib ketdi. – Nega bunday boʻldi? – dedi u sarosimaga tushib.

– Boʻlar ish boʻldi. Qoʻlimdan kelgani shu. Jonimdan toʻydim.

– Sen nimalar deyayotganingni tushunyapsanmi? Bugun-erta sovliqlaring qoʻzilaydi-ku. Qanday qilib ketasan?

– Shunday qilib, biz bilan shunday muomala qilar ekanlar, biz ham shunday qilishimiz kerak. Xayr! – Bektoy tayoqni boshi uzra bor kuchi bilan aylantirib uloqtirib yubordi-da, nariga yurib ketdi.

Tanaboy hayron boʻlib, turgan joyida qotib qoldi. Soʻzlashga soʻz ham topolmadi. U boʻlsa orqasiga qaramasdan odimlab ketayotgan edi.

– Esingni yigʻ, Bektoy! – Tanaboy uning orqasidan yugurdi. – Bunday qilish yaramaydi. Nima qilayotibman deb oʻylab koʻr! Eshityapsanmi?

– Qoʻysang-chi! – Bektoy keskin burildi. – Buni sen oʻylab koʻr. Men esa odamlar qanday yashayotgan boʻlsa shunday yashashni istayman. Mening boshqalardan bir yerim kammi? Men ham boshqalar singari shaharda ishlab, moyana olishim mumkin. Nega men bu yerda qoʻylar bilan birga nobud boʻlib ketay. Yem-xashak boʻlmasa, qoʻyxona boʻlmasa, biron boshpana boʻlmasa. Meni tinch qoʻy. Ishingga boraver. Joningni Jabborga berib, goʻngga botib oʻl! Oʻzingga bir qara, kimga oʻxshab ketibsan. Bu yerda halok boʻlasan. Senga bu ham kamlik qiladi. Yana oʻrtaga shiorlar tashlaysan. Boshqalarni ham oʻz orqangdan ergashtirmoqchi boʻlasan. Unaqasi ketmaydi! Meniki boʻldi! – dedi-yu, oppoq qor ustidan shunday shiddat bilan yurib ketdiki, uning izlari qorayib suvga toʻlib qoldi.

– Bektoy, sen soʻzimga quloq sol! – unga yetib oldi Tanaboy. – Men senga hammasini tushuntiraman.

– Boshqalarga tushuntir, soʻzingni tinglaydigan ahmoq yoʻq!

– Toʻxta, Bektoy, gaplashib olaylik.

Bektoy uning soʻzlarini eshitishni istamay joʻnab qoldi.

– Sudga tushasan!

– Shundan koʻra sudga tushgan ham ma’qul! – jahl bilan javob qaytardi Bektoy va boshqa oʻgirilib qaramadi.

– Sen qochqinchisan!

U ketaverdi.

– Bunaqalarni frontda otib tashlashadi!

U toʻxtamay ketaverdi.

– Toʻxta, deyman! – Tanaboy uning yengidan ushlab oldi. U esa qoʻlini tortib olib yurishda davom etdi.

– Bunga yoʻl qoʻymayman, ketishga haqqing yoʻq! – Tanaboy uning yelkasidan burib tortdi va nogoh koʻz oʻngi xiralashib atrofdagi oppoq tepalar gir aylanayotganday tuyuldi. Kutilmaganda jagʻiga kelib tushgan musht uni oyoqdan qulatgan edi. U gir aylangan boshini koʻtarganda Bektoy allaqachon tepalik ortida gʻoyib boʻlgan edi. Uning orqasidan zanjir halqalari singari yolgʻiz oyoq izlari qorayib qolgan edi.

– Sob boʻldi bu yigit, ketdi, – deb ingrardi Tanaboy kaftlarini yerga tirab qaddini yerdan koʻtararkan. Oʻrnidan turdi. Qoʻllari qor aralash loyga botgan edi. Nafasini rostlab oldi. Bektoyning qoʻylarini toʻplab, boshini quyi solganicha, oʻz otari tomon haydab ketdi.

XVII

Ovuldan chiqqan ikki otliq togʻ tomon yoʻl olgan edi. Ularning biri saman otda, ikkinchisi toʻriq otda. Otlarning dumi qattiq tugib qoʻyilgan, aftidan, ular olisga ketishayotgan edi. Qor aralash loy parchalari tuyoq ostidan shaloplab otilib chiqib, sachrab ketardi.

Gulsari tarang jilovni tortib gijinglagancha shaxdam qadam tashlab borardi. Xoʻjayini sogʻayguncha u qantariqda dam olvolgan edi. Biroq hozir ham uning ustida xoʻjayini emas, balki charm pal'to ustidan kiygan brezent plashining barlarini ochib yuborgan allaqanday notanish kishi oʻtirar edi. Uning kiyimlaridan bir oz kraska va rezinka hidi kelib turardi. Choro boʻlak otda, uning yonida borardi. Yoʻrgʻani u tumandan kelgan oʻrtoqqa bergan edi. Gulsari unga kim mingani bilan ishi yoʻq edi. Yilqidan, avvalgi xoʻjayinidan ajratib olganlaridan buyon unga koʻp kishilar mingan edi. Har xil odamlar – yaxshilari ham, yomonlari ham, egarda qulay va noqulay oʻtirganlar ham bor edi. Oliftalarning ham qoʻliga tushdi. Ular otga mingandan keyin suyulib ketishar edi! Ular jon-jahdlari bilan otni choptirib birdan jilovini tortib toʻxtatar, oldingi oyoqlari bilan tikka turgʻizar va yana urib haydar va yana jilovini zarb bilan tortgancha taqqa toʻxtatar edilar. Nima qilayotganini oʻzlari bilmasdilar, faqat hamma uning Gulsarida ketayotganini koʻrishsa bas. Hamma-hammasiga koʻnikib qolgan edi Gulsari. Uni otxonada saqlab zeriktirib qoʻymasalar boʻlgani. U hamon avvalgi havas, avvalgi ishtiyoq: yugurish, yugurish va yana yugurish ishtiyoqi bilan yashardi. U kimni olib boryapti, buning unga ahamiyati yoʻq. Buning ot ustida borayotgan kishi uchun farqi bor edi. Saman yoʻrgʻani berib qoʻyishibdimi, demak, uni hurmat qiladilar, undan hayiqadilar. Kuchli va chiroyli ot edi Gulsari. Unga mingan kishi tinch, rohat qilib borardi.

Bu safar yoʻrgʻaga kolxozga vakil qilib yuborilgan tuman prokurori Segizboyev mingan edi. Unga kolxoz partorgi hamroh boʻlib borar edi – bu katta hurmat. Partorg ogʻiz ochmasdi, ehtimol choʻchiyotgandir: qoʻzilatish yomon ahvolda. Juda yomon edi. Shunday ekan ogʻiz ochmagani, choʻchigani ma’qul. Quruq soʻzlar bilan gapga aralashishdan nima foyda. Pastki lavozimdagi kishi yuqori lavozimli kishidan hayiqmogʻi kerak. Aks holda hech qanday tartib-intizomning boʻlishi mumkin emas. Shundaylari ham boʻladiki, ular itoatlaridagi kishilarni oʻzlari bilan teng koʻrib muomala qilishadi, keyin shu kishilarning oʻzidan pand yeyishadi, hasratlaridan chang chiqadi. Hokimiyat – katta ish, mas’uliyatli ish, uni boshqarish har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi.

Segizboyev egar ustida yoʻrgʻaning bir tekisda qadam tashlashiga monand tebranib, shularni oʻylab borardi, uning kayfiyatini yomon deb ham boʻlmasdi, lekin har holda choʻponlarni tekshirishga yuborilayotgan ekan, u yerda ehtimol koʻngilsiz ahvolga duch kelishi mumkin, buni bilar edi. Qish bilan bahor toʻqnash kelib, bir-biriga yon bergisi kelmasdi, bu toʻqnashuvda hammadan koʻp qoʻylar talofat koʻrishardi, qoʻzichoqlar nobud boʻlardi, holdan toygan sovliqlar qirilardi, ularni saqlab qolish mumkin emasdi. Har yili ahvol shu. Bundan hamma xabardor. Modomiki, uni vakil qilib yuborishgan ekan, demak, u kimnidir javobgarlikka tortishi kerak. Tumandagi qoʻylarning katta qismi qirilib ketishi hatto unga qoʻl kelishini ichida bilib turardi. Axir chorvachilikdagi ogʻir ahvolga tushib qolganiga u, tuman prokurori, raykom byurosining a’zosi javobgar emas. Birinchi sekretar' javob berishi kerak. Hali yangi, tumanga yaqindagina kelgan, boshqalarning azobini ham u cheksin. Segizboyev boʻlsa, chetdan qarab turadi, u yoqdan yuqoridagi oʻrtoqlar ham koʻrishsin, chetdan yangi sekretar' yuborib xato qilib qoʻyishmadimikin. Bularni oʻylarkan xunobi oshardi, uni saylamaganlariga hech chiday olmasdi. Prokuror boʻlib ishlayotganiga ozmuncha vaqt boʻldimi. U oʻzining nimalarga qodir ekanligini necha bor isbotlab koʻrsatdi. Hechqisi yoʻq, uning doʻstlari bor, biron nima boʻladigan boʻlsa himoya qilishadi. Vaqt yetdi, endi u partiyaviy ishga oʻtishi kerak, prokurorlik stulida uzoq oʻtirib qoldi... Yoʻrgʻa yaxshi, loy demay, shilta demay, kema singari tebranib suzib borardi. Partorgning oti terlab-pishib ketgan edi, holbuki yoʻrgʻa endigina ter chiqara boshlagandi...

Choro boʻlsa oʻz oʻylari bilan band. Uning rang-roʻyi bir holatda, soʻlgʻin yuzi za’faron, koʻzlari kirtayib qolgan. Yurak kasalidan necha yillardan beri azob chekadi. Vaqt oʻtgan sari kasali ogʻirlashib borar, fikrlari mungli edi. Ha, Tanaboy haq edi. Rais baqirardi-chaqirardi, lekin bundan nima foyda. Koʻpincha tumanda qolib ketar, doimo qandaydir ish bilan band boʻlardi. Partiya majlisiga uning masalasini qoʻyish kerak edi, tumanda boʻlsa orqaga siltab kutib turishni tavsiya qilishadi. Nimani kutish kerak? Goʻyo Aldanov oʻz istagi bilan ketmoqchi, deyishardi, extimol, shuning uchundir? Tezroq ketganda ma’qul boʻlardi. Choroga ham ketish vaqti yetgan edi. Undan nima foyda? Doimo kasal. Shomansur kanikulga kelgan edi, u ham ketishni maslahat berdi. Ketish mumkina, vijdon-chi? Shomansur aqlli bola, endi koʻp narsalar haqida otasidan koʻra yaxshiroq muhokama yurita olar edi. Qishloq xoʻjaligini qanday boshqarish va hokazo, hammasiga aqli yetardi. Ularga yaxshi ta’lim berishyapti, vaqt kelib, ular ham ta’lim berayotgan professorlarga yetib qolishar. Biroq, hali gap nima boʻladi, nima qoʻyadi – oʻlib ketadimi! Ammo oʻz gʻam-alamlaridan bosh olib ketolmaydi. Oʻzingdan qochib qutula olmaysan. Ha, odamlar nima deyishadi? Va’da berdi, ishontirdi, kolxozni qarzga botirib, mushkul ahvolga solib qoʻydi. Oʻzi boʻlsa endi chetga chiqib olib tinchgina yashayapti, deyishadi. Yoʻq, unga tinchlik yoʻq, boʻlmaydi ham, yaxshisi oxirigacha turib berishi kerak. Yordamga kelishar, shuncha uzoq vaqt yordamsiz qoldirishmas – faqat tezroq kelishsa, kelganda ham manaviga oʻxshamay chinakam, haqiqiy yordam kelsa. Ish barbod qilinganligi uchun sud qilamiz, deydi. Sud qilsang qilaver! Hukm chiqarish bilan ishni tuzata olarmiding. Ana kelyapti, qovogʻi soliq, goʻyo togʻdagilarning barisi jinoyatchilaru, faqat uning oʻzigina kolxoz ishi uchun kurashadi, unga bularning hammasi bir pul, faqat xoʻja koʻrsingagina kelib-ketadi. Ammo aytib koʻrchi.

XVIII

Gʻira-shira tuman ichra ulkan togʻlar qad koʻtarib turadi. Ular quyosh nurini koʻrmay qovoq solgancha xoʻmrayib, bahaybat pahlavonlar singari yuksaklikdan tumtayadi. Bahor havosi rutubatli, namgarchilik, tuman.

Tanaboy oʻz qoʻyxonasida jon olib, jon beradi, kun sovuq. Birdaniga bir necha sovliq qoʻzilagan, qoʻzichoqlarni qoʻyishga joy yoʻq, dod deb boradigan joy yoʻq. Qoʻy-qoʻzilar ma’rashadi, turtinishadi. Barchasi yeyish-ichishni istaydi, pashsha singari qiriladi. Bu yoqda yana beli shikastlanib xotini yotadi. Turmoqchi boʻlardi-yu, qaddini rostlay olmasdi. Mayli, nima boʻlsa shu boʻlar. Pichoq borib suyakka qadaldi.

Hamon xayolidan Bektoy ketmasdi, befoyda gʻazab Tanaboyni ruhan ezib, iztirobga solayotgan edi. Bosh olib yotib qolganligi uchun emas (oʻsha yoqdan daf boʻlsin), boshqalarning iniga tuxum qoʻyib ketgan kakku qush singari oʻz otarini unga tashlab ketganligi uchun ham emas, pirovardida, birontasini yuborib, uning qoʻylarini olib ketishlari ham mumkin edi. Bu muttahamning avra-astarini ochib tashlay olmagani, bir gap bilan uni uyaltirib yerga kirgizib yubormagani unga alam qilardi. Goʻdak! Mishigʻini eplay olmagan goʻdak! Tanaboy boʻlsa keksa kommunist, butun hayotini kolxoz ishiga sarflagan kishi unga boplab javob qaytarish uchun soʻz topolmasa! Choʻponlik tayogʻini uloqtirganicha ketdi bu ona suti ogʻzidan ketmagan mishiqi. Tanaboy shunday voqea yuz beradi deb oʻylaganmidi? Uning jonajon ishi ustidan birov kuladi deb oʻylaganmidi?

«Bas!» oʻzini toʻxtatdi u va bir daqiqadan soʻng yana oʻsha fikr koʻnglini buza boshladi.

Mana, yana bitta sovliq qoʻziladi, egizak tugʻibdi, qanday chiroyli qoʻzichoqlar. Ammo ularni qayerga joylashtiramiz? Qoʻylarning yelini ham shalvirab yotibdi, ha, ularda qayoqdan ham sut boʻlsin? Demak, bulari ham nobud boʻladi? Eh, falokat! Ana, allaqachon u yerda sovuqda qoʻy-qoʻzilar oʻlib yotibdi. Tanaboy oʻlimtik qoʻzichoqlarni yigʻib olib chiqarib tashlashga ketdi. Halloslaganicha oldiga qizchasi yugurib keldi.

– Ota, boshliqlar kelishyapti.

– Mayli kelishaversin, – toʻngʻillab qoʻydi Tanaboy. – Sen bor qizim, oyingga qara.

Tanaboy qoʻyxonadan chiqib, ikki otliqqa koʻzi tushdi. «O! Gulsari! – quvonib ketdi u. Qalbidagi eski tor bir ovoz chiqarib qoʻydi. – Koʻrishmaganimizga qancha vaqt boʻldi! Uning yurishiga qara, hamon oʻshandogʻ!..» Ularning biri Choro. Yoʻrgʻa otda kelayotgan charm pal'toli kishini esa tanimadi. Tumandan birontasi boʻlsa kerak.

«Ha, nihoyat kelishdi», oʻyladi u alamzadalik bilan. Bu yerda uning shikoyat qilishi, oʻz qismatini aytib yuragini boʻshatib olishi mumkin edi, biroq uning bunday qilishi mumkin emasdi, u zorlanmaydi, mayli ular uyalishsin, ular qizarishsin. Shunday ham boʻladimi! «Oʻl» deb tashlab qoʻyib, endi qoralarini koʻrsatishayotgan boʻlsa...

Tanaboy ularning kelishini kutib turmay harom oʻlgan qoʻzichoqlarni qoʻyxona burchagidagi uyumga olib borib tashlash uchun ketdi. Shoshilmasdan qaytib keldi. Ular bu orada qoʻraga kirishgan edi. Otlar ogʻir nafas olardi. Choro gunohkor va ayanchli bir qiyofada koʻrinardi. Demak, doʻsti oldida javobgarligini sezgan. Yoʻrgʻa ot ustidagi kishi esa gʻazabli, dahshatli koʻrinardi. U hatto Tanaboy bilan salomlashmadi ham. Darhol tutaqib ketdi:

– Bu qanday yaramas ish! Qayerga borma shu ahvol! Bu yerda nimalar boʻlayotganini koʻryapsanmi! – oʻshqirdi u Choroga yuzlanib. Soʻng Tanaboy tomon oʻgirildi. – Bu nima qilganing, oʻrtoq, – dedi u qoʻli bilan nobud boʻlgan qoʻzichoqlarni Tanaboy olib borib tashlagan tomonga ishora qilib, – choʻpon, kommunist, qoʻylar boʻlsa oʻlyapti.

– Ular, ehtimol mening kommunist ekanligimni bilishmas, – achitib gapirdi Tanaboy va shu zahotiyoq goʻyo uning ichida bir narsa shartta uzilganday koʻngli vayron, hamma narsa unga farqsiz boʻlib, koʻz oʻngi qorongʻilashdi.

– Bu bilan nima demoqchisan? – Segizboyev qizarib ketdi va jim boʻlib qoldi. – Sotsialistik majburiyat olganmisan? – Nihoyat kalavaning uchini topib oldi.

– Ha, olganman.

– U yerda nima deyilgan edi.

– Eslay olmayman.

– Mana shuning uchun ham sening qoʻzichoqlaripg harom oʻlyapti! – Segizboyev qamchi dastasi bilan yana haligi tomonni ishora qildi va birdan uzangidan koʻtarilib, bu surbet choʻponning ta’zirini berib qoʻymoqchi boʻldi.

Lekin u avval Choroga yopishib ketdi: – Siz qayoqqa qarayapsiz? Odamlar hatto oʻz vazifalarini ham bilmaydilar. Planni buzyaptilar, mollarni oʻldiryaptilar! Siz bu yerda nima ish bilan shugʻullanyapsiz! Oʻz kommunistlaringizni qanday tarbiyalayapsiz! Qanaqa kommunist u? Men sizdan soʻrayapman?

Choro boshini quyi solib jim turar, qoʻlida tizginni gʻijimlardi.

– Boʻlgani shu, – uning uchun bamaylixotir javob berdi Tanaboy.

– Ha-ha, boʻlgani shu. Sen zararkunandasan! Sen kolxoz mulkini yoʻq qilib yuboryapsan. Sen xalq dushmanisan. Sening oʻrning partiyada emas, turmada. Sen musobaqa ustidan kulyapsan.

– Ha, turmada, mening joyim turmada, – tasdiqladi Tanaboy boyagidek osoyishtalik bilan. Uning qalbini timdalagan alam, sabr kosasini toʻldirgan achchiq hasratdan jilmaygan lablari pirpirab uchardi. – Xoʻsh, yana nima demoqchisan? – uchayotgan lablarini qisib Segizboyevga tikilib turib oldi.

– Nega sen bunaqa gapiryapsan, Tanaboy? – aralashdi Choro, – nega? Ochiqroq tushuntirsang-chi.

– Oho! Hali senga ham tushuntirish kerakmi? Sen nima uchun bu yerga kelding, Choro? – baqirdi Tanaboy. – Nega kelding? Sendan soʻrayapman? Mening qoʻzilarimning oʻlayotganini aytish uchunmi? Buni oʻzim ham bilaman! Tomogʻimgacha goʻngning ichida koʻmilib oʻtirganimni aytish uchun keldingmi? Buni oʻzim ham bilaman! Men kolxozni deb jonimni Jabborga berganim uchun aybdormanmi? Buni oʻzim ham bilaman.

– Tanaboy! Tanaboy! Es-hushingni yigʻib ol! – Rangi oʻchib ketgan Choro sakrab egardan tushdi.

– Nari tur! – itarib yubordi uni Tanaboy. – Men oʻz majburiyatimga ham, butun hayotimga ham tupurdim. Qoch! Mening joyim turmada! Sen nima uchun manavi charm pal'toli yangi manapni boshlab kelding? Meni xoʻrlash, mening ustimdan kulish yoki masxara qilish uchunmi? Meni qamash uchunmi? Qani, ablah, qama meni turmaga! – Tanaboy biror narsa olish uchun olazarak boʻlib turdi, qoʻliga devorga suyogʻliq panshaxa ilinishi bilan Segizboyevga tashlandi. – Qani, ablah, ket bu yerdan! Yoʻqol!

Jahli chiqqanidan nima qilayotganini bilmay panshaxani silkita boshladi.

Qoʻrqib ketgan Segizboyev yoʻrgʻaning boshini goh u tomonga, goh bu tomonga tortar edi. Panshaxa gangib qolgan otning boshiga urilib sakrab ketar, sharaqlab yana uning boshiga kelib tushar edi.

Nima uchun Gulsari titrab boshini silkitayotganini, nega muncha suvliq uning qizarib turgan jagʻini yirayotganini, nima uchun uning koʻzlari xonasidan chiqib ketay deyayotganini gʻazablangan Tanaboy tushunmasdi.

– Qoch, Gulsari, nari tur! Men mana shu charm pal'toli manapni tutib olay, – deb baqirardi Tanaboy gunohsiz yoʻrgʻaning boshiga ustma-ust tushirib.

Shoshilib kelgan yosh saqmonchi ayol uning qoʻliga osilib, panshaxani yulib olishga urindi. Lekin Tanaboy uni itarib yubordi.

– Qochaylik! Orqaga qochaylik! Oʻldirib qoʻyadi! – deb otiga minib olgan Choro Tanaboy bilan Segizboyevning oʻrtasiga oʻzini tashladi.

Tanaboy panshaxa bilan unga ham hamla qildi. Ikkalasi ham ot qoʻyib qoʻradan qochib qolishdi. Otlarning dumiga, uzangisiga sapchigan it ham hurib, ularning orqasidan yugurdi.

Tanaboy boʻlsa qoqilib-suqilib ularning izidan chopar, qoʻliga tushgan kesakni uloqtirar va hamon baqirardi:

– Mening joyim turmada! Turmada! Yoʻqol! Yoʻqol bu yerdan! Mening joyim turmada! Turmada!..

Keyin u orqaga qaytdi, nafasi boʻgʻziga tiqilib, hamon oʻzicha gʻuldurardi: «Mening joyim turmada, turmada!» Uning yonida oʻz burchini bajarganidan gerdayib koʻppak it chopib borardi. U oʻz xoʻjayinining maqtovini kutardi, lekin xoʻjayin unga e’tibor bermasdi.

Qoʻrquvdan rangi oʻchib ketgan Jaydar hassaga suyanib oqsoqlaganicha roʻparadan kelardi.

– Nima qilib qoʻyding! Nima qilib qoʻyding?

– E, attang! E, attang!

– Nimaga achinyapsan? Albatta, attang, deysan.

– Yoʻrgʻani bekordan-bekorga urganimga.

– Aqling joyidami oʻzi? Nima qilib qoʻyganingni bilasanmi?

– Bilaman. Men zararkunandaman. Xalq dushmaniman, – dedi u nafasi siqilib. Keyin jim boʻlib qoldi va qoʻli bilan yuzini mahkam bekitganicha ikki bukilib, hoʻng-hoʻng yigʻladi.

– Oʻzingni bos, oʻzingni bos, – yalinardi xotini oʻzi ham unga qoʻshilib yigʻlarkan. Lekin Tanaboy hamon u yoq-bu yoqqa tebranib yigʻlardi.

Hech qachon Jaydar Tanaboyning yigʻlaganini koʻrmagandi...

XIX

Shu favqulodda hodisaning uchinchi kuni tuman partiya komitetining byurosi boʻldi.

Qabulxonada Tanaboy Bakasov oʻzini kabinetga chaqirishlarini kutib oʻtirar edi. Ichkarida u haqda gap borardi. Bu kunlar ichida u koʻp oʻyladi. Lekin u aybdormi yoki yoʻqmi, buni hozircha bila olmasdi. Hokimiyat vakiliga qoʻl koʻtarib ogʻir jinoyat qilganini tushunardi. Lekin gap faqat shundagina boʻlganidaku, hamma narsa osonlikcha hal boʻlar edi-ya. U oʻzining nojoʻya xatti-harakati uchun har qanday jazo berishlariga tayyor edi.

Axir u gʻazabdan oʻzini bosa olmay kolxoz uchun jon kuydirib qilgan xizmatlarini shamolga uchirib yubordi, oʻzining butun tashvish va ezgu-oʻylarini barbod qildi. Endi unga kim ishonadi? Uning ahvolini endi kim tushunadi? «Ehtimol, tushunishar? – umid uchqunlari chaqnadi unda. – Hammasini gapiraman: bu yilgi qish haqida, qoʻyxona va oʻtov haqida... Mayli, tekshirib koʻrishsin. Xoʻjalikni shunday boshqarish mumkinmi? – Oʻtgan ishlarga sira afsuslanmasdi. – Mayli, meni jazolashsin, – oʻylardi u. – Ehtimol, shunda boshqalarga yengil boʻlar. Ehtimol shundan keyin choʻponlarga qarashar, bizning turmushimiz, qiyinchiliklarimizga e’tibor berishar».

Lekin bir daqiqa ham oʻtmasdan butun kechmishlarini eslab, u yana gʻazabiga chiday olmay tizzalari orasida mushtlarini qisar, qaysarlik bilan oʻzinikini oʻzi ma’qullardi: «Yoʻq, mening hech qanday aybim yoʻq!» Keyin yana shubhalanardi...

Qabulxonada negadir Ibrohim ham oʻtirardi. «U nima qilib yuribdi bu yerda? Oʻlaksa koʻrgan quzgʻunday uchib kelibdi», – Tanaboyning joni halqumiga kelib unga teskari qarab oʻtirib oldi. U ham boshini quyi solib choʻponga qarab xoʻrsinib, jimgina oʻtirardi.

«Nega muncha choʻzishyapti? – stulda tipirchilab oʻtirgan Tanaboy oʻylardi, – jazo berishadigan boʻlsa – berishmaydimi!» Kabinetga deyarli hamma yigʻilib boʻlgan edi. Bundan bir necha daqiqa avval hammadan keyin Choro kirib ketdi. Tanaboy uni etigining qoʻnjiga yopishib qolgan jundan tanidi. Saman yoʻrgʻaning sariq juni edi. «Juda shoshibdi, Gulsari ham terga pishib ketgan boʻlsa kerak», oʻyladi u. Lekin boshini koʻtarmadi. Qoʻnjiga jun yopishgan, ot teridan bir oz namlangan etik Tanaboy oldidan asta bosib oʻtib eshik ortida koʻzdan gʻoyib boʻldi. Sekretar' qiz kabinetdan chiqquncha ancha vaqt oʻtdi.

– Kiring, oʻrtoq Bakasov.

Tanaboy choʻchib oʻrnidan turdi-da, kabinet tomon yura boshladi. Yuragining toʻxtovsiz gupillab urayotganligi qulogʻi ostida eshitilib turardi. Uning koʻz oldi qorongʻilashib ketdi. U bu yerda oʻtirgan odamlarni deyarli bir-biridan ajrata olmasdi.

– Oʻtiring. – Tuman partiya komitetining birinchi sekretari Qashqatoyev Tanaboyga uzun stolning oxiridan joy koʻrsatadi. Tanaboy oʻtirdi. Ogʻirlashib ketgan qoʻllarini tizzasiga qoʻyib koʻz oldini bosgan qorongʻilikning tarqashini kutdi. Keyin stolning narigi chetiga qaradi. Birinchi sekretarning oʻng tomonida kekkayib Segizboyev oʻtirardi. Tanaboy bu odamga shunday nafrat bilan boqdiki, uning koʻz oldini oʻrab turgan qorongʻilik bir zumda tarqab ketdi.

Stol atrofida oʻtirganlarning yuzlari aniq-taniq koʻrindi. Segizboyevning qovogʻi osilib, qizarib-boʻzarib ketgan edi. Choroning yuzi esa oqarib ketgan va butunlay qonsiz edi. U eng chetda, hammadan koʻra Tanaboyga yaqin yerda oʻtirardi. Uning oriq qoʻllari stolga yopilgan yashil movut ustida asabiy qaltirab turardi. Choroning qarshisida oʻtirgan kolxoz raisi Aldanov achchigʻlanib qattiq pishillardi, atrofiga xoʻmrayib nazar tashlardi. U koʻriladigan ishga oʻz munosabatini yashirmasdi. Boshqalar, aftidan, nima boʻlishini kutib turardilar. Nihoyat, birinchi sekretar' papkadagi qogʻozlardan bosh koʻtardi.

– Kommunist Bakasovning shaxsiy ishini koʻrishga oʻtamiz, – dedi u soʻzlarni chertib-chertib.

– Ha, uni kommunist deb atash mumkin boʻlsa, – dedi kimdir istehzo bilan tirjayib.

«Yovuzlar! – deb qoʻydi oʻzicha Tanaboy, – ulardan rahm-shafqat kutma. Nima uchun men shafqat kutishim kerak? Nima, men jinoyatchimanmi?»

U oʻzi haqidagi masalaning hal qilinishida ikki yashirin raqib tomonning toʻqnashib qolganini va ularning har biri bu ayanchli hodisadan oʻzlaricha foydalanishga tayyor ekanliklarini bilmas edi. Birinchi tomon – Segizboyev va uning tarafdorlari, yangi sekretarning qarshiligini sinab koʻrish va agar iloji boʻlsa uni qoʻlga olishni oʻylardi. Boshqa, ikkinchi tomon, bu Qashqatoyev edi. Qashqatoyev oʻz oʻrniga Segizboyev koʻz tikayotganini bilar edi. Shuning uchun u oʻz obroʻsini yerga urmasligi va bu xavfli odamlar bilan boʻlgan munosabatini ham keskinlashtirmasligi kerak.

Raykom sekretari Segizboyevning axborot xatini oʻqib berdi. Xatda «Oqtosh» kolxozining choʻponi Tanaboy Bakasovning haqorati va qilgan barcha jinoyati batafsil yozilgan edi. Axborotda Tanaboy rad qilishi mumkin boʻlgan biror ortiqcha narsa yoʻq, lekin xatning ohangi, unga qoʻyilayotgan ayblarning bayon etilish tarzi uning tarvuzini qoʻltigʻidan tushirib yubordi. U oʻzining mana shu dahshatli qogʻoz oldida mutlaqo ojiz ekanini tushunib yetgach, a’zoyi badanidan ter chiqib ketdi. Segizboyevning axboroti oʻzidan ham dahshatliroq boʻlib chiqdi. Bu qogʻozga panshaxa bilan ham tashlana olmaysan. Qarshilik koʻrsata olmaysan. Tanaboy oʻzini oqlash uchun nimalarni aytishni moʻljallagan boʻlsa hammasi bir zumda puchga chiqdi. Hammasi uning koʻz oldida oʻz ahamiyatini yoʻqotib, choʻponning oʻz ahvolidan nolib qilgan ayanchli arzdodiga aylanib qoldi. Ahmoq emasmi oʻzi? Bu dahshatli qogʻoz oldida u oʻzini oqlay olarmidi! U kim bilan olishmoqchi?

– Oʻrtoq Bakasov, siz byuro a’zosi oʻrtoq Segizboyevning xatida keltirilgan faktlarning toʻgʻriligini tan olasizmi? – soʻradi Qashqatoyev axborotni oʻqib boʻlib.

– Ha, – boʻgʻiq ovoz bilan javob berdi Tanaboy. Hamma jim oʻtirardi. Hamma bu qogʻozdan vahimaga tushib qolganday. Aldanov, koʻrdingizmi nimalar boʻlyapti, deganday stol atrofida oʻtirganlarga surbetlik bilan qarab chiqdi.

– Oʻrtoq byuro a’zolari, agar ruxsat bersalaringiz, men bu ishning asl mohiyatiga aniqlik kiritsam, – dadil gapirdi Segizboyev. – Men kommunist Bakasovning bu ishini shunchaki bezorilik deb tushunmoqchi boʻlgan oʻrtoqlarni darhol ogohlantirib qoʻymoqchiman. Agar shunday boʻlganda edi, menga ishoning, bu masalani byuroga kiritmagan boʻlar edim. Bezorilar bilan kurashning bizda boshqa yoʻllari bor. Gap, albatta, mening shaxsiyatimning tahkirlanishida emas. Mening orqamda tuman partiya komitetining byurosi turibdi, agar bilishni xohlasangiz, butun partiya turibdi va men uning obroʻsiga putur yetkazishga, uni tahqirlashga yoʻl qoʻya olmayman. Yana ham muhimi – bu ish kommunistlar va partiyasizlar oʻrtasida siyosiy-tarbiyaviy ishlarni oʻz holiga tashlab qoʻyilganidan, raykomning ideologiya sohasida olib borayotgan ishidagi muhim kamchiliklardan darak beradi. Bizning hammamizga Bakasovga oʻxshash oddiy kommunistlarning mafkurasi uchun javob berishga toʻgʻri keladi. Yana bizga, uning oʻzi yolgʻizmi yoki hamfikrlari ham bormi, degan masalani aniqlashga toʻgʻri keladi. «Charm pal'toli yangi manap!» soʻzi bilan u nima demoqchi. Pal'toni bir chetga qoʻyib turaylik. Bakasovning fikricha, men – sovet kishisi, partiyaning vakili – yangi manap, boyvachcha, xalqni boʻgʻuvchi emishman. Qarang-a! Tushunyapsizmi, bu nima degan gap, nima ma’no bor bu gapning tagida? Tushuntirib oʻtirish ortiqcha boʻlsa kerak deb oʻylayman... Endi masalaning ikkinchi tomoni haqida. «Oqtosh»dagi chorvachilikning oʻta ketgan yomon ahvolda ekanidan xafa boʻlib, koʻzimga hech narsa koʻrinmay, goʻyo oʻz sotsialistik majburiyatini unutib qolgan Bakasovning kishini gʻazablantiradigan soʻzlariga javoban uni zararkunanda, xalq dushmani deb atadim va uning joyi partiyada emas, turmada dedim. Tan olaman – haqorat qildim va uning oldida kechirim soʻrashga tayyor edim. Endi bilsam haqiqatan ham bu shunday ekan. Aytganlarimni qaytib olmayman va dangal aytaman: Bakasov – xavfli, dushmansifat odam.

Tanaboy nimalarni boshdan kechirmadi. U boshidan oxirigacha urushda boʻldi. Ammo uning yuragi hozirgidek sado chiqarib urishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagan edi. Quloqlari ostida bolgʻa zarbasidek eshitilgan bu sado ruhini ezar, qalbini tirnar, oʻzini oʻnglab olishga imkon bermasdi. «Tavba, – boshi loʻqillardi Tanaboyning, – hayotimning butun mazmuni – ishlarimning butun mazmuni qayoqqa ketdi? Mana endi kelib-kelib xalq dushmani boʻldim. Men-ku qandaydir qoʻyxona uchun, chala oʻlik qoʻzichoqlar uchun, yoʻldan ozgan Bektoy uchun azob chekyapman. Bularning kimga keragi bor!..»

– Axborotimdan kelib chiqadigan xulosalarni yana bir marta eslatib oʻtaman, – davom etdi Segizboyev soʻzlarni joy-joyiga qoʻyib. – Bakasov bizning tuzumimizni koʻrolmaydi. Kolxozni, sotsialistik musobaqani koʻrolmaydi, hammasiga tupuradi, bizning butun turmushimizni koʻrolmaydi. Buni uning oʻzi kolxoz partorgi oʻrtoq Sayoqov oldida ham ochiqchasiga aytdi. Bundan tashqari uning harakatlarida hokimiyat vakili oʻz xizmat vazifasini oʻtab turgan vaqtda unga suiqasd qilish kabi javobgarlikka tortiladigan jinoyat sostavi ham bor. Meni toʻgʻri tushunishingizni soʻrayman, Bakasovni sud javobgarligiga tortish uchun sanksiya berishingizni va bu yerdan chiqishi bilan darhol qamoqqa olinishini soʻrayman. Uning jinoyatlari ellik sakkizinchi moddaga tamoman mos keladi. Bakasovning partiya safida qoldirilishi haqida, menimcha, gap ham boʻlishi mumkin emas!..

Segizboyev ortiqcha talab qoʻyganini bilardi. Lekin u shuni hisobga olgan ediki, agar byuro Tanaboy Bakasovni jinoiy javobgarlikka tortish lozim deb topmasa ham, har holda uni partiya safidan chiqarishi aniq edi. Bu taklifni Qashqatoyev quvvatlamay iloji yoʻq edi. Ana shunda Segizboyevning mavqei yana koʻproq mustahkamlanardi.

– Oʻrtoq Bakasov, siz oʻz xatti-harakatlaringiz haqida nima deysiz? – soʻradi Qashqatoyev bir oz asabiylashib.

– Hech narsa. Hammasi aytildi, – javob berdi Tanaboy. – Demak, men zararkunanda, xalq dushmani ekanman, bundan keyin ham shunday boʻlib qolarkanman. Shunday boʻlgach, nima haqda oʻylayotganimni bilishning nima keragi bor? Oʻzlaring hal qilinglar, sizlarga ravshanroq...

– Siz oʻzingizni sof vijdonli kommunist deb hisoblaysizmi?

– Endi buni isbot qilib boʻlmaydi.

– Siz oʻz aybingizni tan olasizmi?

– Yoʻq.

– Nima, siz oʻzingizni hammadan koʻra aqlliroq deb hisoblaysizmi?

– Yoʻq, aksincha, hammadan koʻra aqlsizroq.

– Ruxsat bering, men gapiray. – Koʻkragiga komsomol znachogi taqqan yosh yigit oʻrnidan turdi. U oʻtirganlar ichida hammadan yosh boʻlib, nimjongina, choʻziq yuzli, koʻrinishda yosh bolaga oʻxshar edi.

Tanaboy uni endi payqagan edi.

«Fosh qilaver, bola, ayama, – dedi u oʻzicha. – Men ham qachonlardir shunaqa edim, hech ayamasdim...»

– Gapiring, Karimbekov, – bosh irgʻadi unga Qashqatoyev.

– Men oʻrtoq Bakasovning qilmishlarini ma’qullamayman. U qilmishiga yarasha partiya jazosini olishi kerak. Shuningdek, oʻrtoq Segizboyevga ham qoʻshila olmayman. – Karimbekov hayajondan ovozi titrab, oʻzini bosib oldi. – Men oʻrtoq Segizboyevning oʻzini ham muhokama qilish kerak deb hisoblayman.

– Ana xolos! – uning soʻzini boʻldi kimdir. – Nima, sizda – komsomolda tartib shunaqami?

– Tartib hammada ham bir xil, – javob berdi Karimbekov yana ham hayajonlangan holda qizarib. Uning tili tutilib qoldi va tang ahvoldan qutulishga urinib soʻz qidira boshladi va birdan jon-jahdi bilan keskin va gʻazab bilan shartta dedi: – Kolxozchi, choʻpon, keksa kommunistni haqorat qilishga sizning nima haqqingiz bor edi? Mana meni xalq dushmani deb koʻring-chi... Siz buni kolxozda chorvachilikning ahvoli yomonligi uchun xafa boʻlganingiz, qaygʻurganingiz bilan isbot qilmoqchi boʻlasiz. Lekin siz, choʻpon sizdan ham koʻp qaygʻurganini koʻz oldingizga keltirolmaysizmi? Qoʻzilar nega oʻlyapti? Siz uning oldiga borganingizda uning turmush sharoiti bilan, ishlari qanday borayotgani bilan qiziqdingizmi? Yoʻq, sizning axborotingizga qaraganda, siz toʻgʻridan-toʻgʻri uni haqorat qilishdan boshlagansiz. Hozir kolxozlarda qoʻzilatish kampaniyasi ogʻir ahvolda ekani hech kimga sir emas.

Men joylarda boʻlib turaman. Biz ulardan talab qilamiz, lekin amalda hech qanaqa yordam bermaymiz. Men komsomol choʻponlar oldida juda noqulay ahvolda qolaman, toʻgʻrisi uyalaman. Qarang, kolxozlarda qoʻyxonalar qay ahvolda? Ozuqa masalasi-chi? Mening oʻzim choʻpon bolasiman. Yosh qoʻzilar oʻlganda qanday ahvol yuz berishini yaxshi bilaman. Institutda bizni boshqa narsalarga oʻqitishgan edi. Joylarda esa ahvol eskicha. Bularni koʻrsang joning achiydi!..

– Oʻrtoq Karimbekov, – uning soʻzini boʻldi Segizboyev, – rahmimizni keltirishga urinmang. His-hayajon – har xil ma’noni anglatadigan tushuncha. Faktlar kerak, faktlar, his-hayajon emas.

– Kechirasiz, bu yerda jinoyatchi ustidan sud boʻlayotgani yoʻq. Balki partiya safidagi bir oʻrtogʻimizning ishi oʻrtoqlarcha muhokama qilinmoqda, – davom etdi Karimbekov. – Kommunistning taqdiri hal qilinmoqda. Kelinglar, birgalashib oʻylab koʻraylik. Oʻrtoq Bakasov nima uchun shunday ish qildi. Albatta, uning ishini qoralash kerak. Lekin bu hol qanday yuz berdi. Kolxozning eng yaxshi chorvadorlaridan boʻlgan Bakasov qanday qilib bu ahvolga tushib qoldi?

– Oʻtiring, – dedi norozi ohangda Qashqatoyev. – Siz bizni masalaning asl mohiyatidan chetga tortyapsiz, oʻrtoq Karimbekov. Menimcha, bu yerda oʻtirganlarning hammasiga shu narsa aniq ravshanki, kommunist Bakasov ogʻir jinoiy ish qilgan. Bu qanday gap? Qayerda koʻrgansiz bunaqa ishni? Biz oʻz xodimlarimizning obroʻsini tushirishga, bizning vakillarimizga panshaxa koʻtarib hamla qilishga hech kimga yoʻl qoʻymaymiz. Oʻrtoq Karimbekov, siz qalb, hissiyot haqidagi oʻrinsiz tortishuvlar oʻrniga komsomol ishlarining qanday borayotgani haqida oʻylab koʻrsangiz boʻlardi. Tuygʻu-tuygʻu bilan, ish-ish bilan. Bakasovning qilgan ishi bizni sergaklantirishi kerak va albatta, unga partiya safida oʻrin yoʻq.

Oʻrtoq Sayoqov, siz kolxoz partorgi sifatida bu voqealarning hammasini tasdiqlaysizmi? – soʻradi u Chorodan.

– Ha, tasdiqlayman, – dedi rangi oqarib ketgan Choro sekin oʻrnidan turib. – Lekin men bir narsani aytmoqchi edim...

– Nima demoqchisiz?

– Birinchidan, men Bakasovni oʻzimizning partiya tashkilotimizda muhokama qilishimizni soʻrardim.

– Bu shart emas. Partiya tashkilotining a’zolariga raykom byurosi qarori haqida axborot berasiz. Yana nima kerak?

– Shuni aytib oʻtmoqchi edimki...

– Nimani, oʻrtoq Sayoqov? Bakasovning partiyaga qarshi xatti-harakatlari koʻrinib turibdi. Endi buni tushuntiradigan joyi yoʻq. Siz ham javobgarsiz. Kommunistlarni tarbiyalash sohasida ishlarni barbod qilganingiz uchun sizga ham chora koʻramiz. Nima uchun siz oʻrtoq Segizboyevni bu masalani byuroga qoʻymaslikka koʻndirishga harakat qildingiz? Xaspoʻshlamoqchimidingiz? Bema’nigarchilik! Oʻtiring!

Munozara boshlandi. MTS direktori va tuman gazetasining muharriri Karimbekovni quvvatlab chiqdilar. Bir on hatto Tanaboyni himoya qilish mumkindek koʻrindi. Tanaboyning oʻzi esa ruhi tushgan va hayajonlanganidan xech kimning gapini eshitmasdi. U hadeb oʻz-oʻziga savol berardi: «Mening butun orzu-umidlarim qayoqqa ketdi? Bizning otarlarda, podalarda boʻlayotgan ahvol bilan bu yerdagilarning ishlari ham yoʻq. Men ahmoq boʻlib yurgan ekanman. Oʻz umrimni kolxozni deb, qoʻy-qoʻzilar deb oʻtkazdim. Hozir esa bularni hisobga olmayaptilar. Endi men xavfli odamman. Jin ursin senlarni! Bilganlaringni qilinglar – agar shu bilan ishlar yaxshilanib ketadigan boʻlsa – achinmayman. Meni urib haydanglar, mening kunim bitgan, uringlar, ayamanglar...»

Kolxoz raisi Aldanov soʻzga chiqdi. Uning basharasi va harakatlaridan Tanaboy kimnidir koyiyotganini sezdi. Lekin kimni? U «Kishan... yoʻrgʻa, Gulsari...» degan soʻzni eshitmaguncha buni tushunib yetmadi.

– ...Nima boʻldi deysizmi? – dedi Aldanov jahl bilan. – Biz otni tushovlab qoʻyishga majbur boʻlganimiz uchun u ochiqdan-ochiq menga, boshingni urib yoraman, deb doʻq urdi. Oʻrtoq Qashqatoyev, oʻrtoq byuro a’zolari, men kolxoz raisi sifatida bizni Bakasovdan qutqarishlaringizni soʻrayman. Haqiqatan ham uning joyi turmada. U rahbar xodimlarning hammasini ham koʻrolmaydi. Oʻrtoq Qashqatoyev dahlizda Bakasovning menga qilgan doʻq-poʻpisalarini tasdiqlovchi guvohlar oʻtirishibdi. Ularni bu yerga taklif qilish mumkinmi?

– Yoʻq, hojati yoʻq, – jirkanganday yuzini burushtirdi Qashqatoyev. – Shu ham yetadi. Oʻtiring.

Keyin ovozga qoʻyishdi.

– Bitta taklif kiritildi. Oʻrtoq Bakasov partiya a’zolari safidan oʻchirilsin. Kim qoʻshiladi?

– Bir daqiqa, oʻrtoq Qashqatoyev, – yana irgʻib oʻrnidan turdi Karimbekov. – Oʻrtoq byuro a’zolari, biz bu bilan ogʻir xatoga yoʻl qoʻyayotganimiz yoʻqmi? Boshqa taklif bor. Bakasovning shaxsiy delosiga yozib qoʻyish sharti bilan, qattiq xayfsan berish bilan chegaralansin. Shu bilan birga byuro a’zosi Segizboyevga ham kommunist Bakasovning insonlik sha’nini tahqirlagani, raykomning vakili sifatidagi qoʻllagan yaramas, ish uslubi uchun hayfsan e’lon qilinsin.

– Demagogiya, – baqirdi Segizboyev.

– Tinchlaninglar, oʻrtoqlar, – dedi Qashqatoyev. – Sizlar raykomning byurosida oʻtiribsizlar, uylaringda emas, tartibga rioya qilishingizni soʻrayman. – Bu yogʻi endi raykomning birinchi sekretariga bogʻliq edi. U masalani Segizboyev moʻljallagan tomonga burib yubordi. – Bakasovni jinoiy javobgarlikka tortishni menimcha keragi yoʻq. Lekin u partiya safida qolishga loyiq emas. Bu masalada oʻrtoq Segizboyev butunlay haqli. Ovozga qoʻyaman. Bakasovni partiyadan oʻchirilsin, degan oʻrtoqlar qoʻl koʻtarsin.

Byuro a’zolari yetti kishi edi. Uchtasi oʻchirilsin, deb qoʻl koʻtardi, uchtasi qarshi. Faqat Qashqatoyevning oʻzi qoldi. U bir oz kechikib, oʻchirilsin deb qoʻl koʻtardi. Tanaboy hech narsani koʻrmadi. U oʻz masalasining hal qilinganligini faqat Qashqatoyevning sekretar' ayolga aytgan soʻzlaridan keyingina eshitdi.

– Protokolga yozib qoʻying. Raykom byurosining qarori bilan oʻrtoq Bakasov Tanaboy partiya safidan oʻchirildi.

«Tamom!» – dedi ichida Tanaboy, murdaday sovib.

– Men Segizboyevga hayfsan berilishini talab qilaman, – dedi boʻsh kelmasdan Karimbekov.

Buni ovozga qoʻymasa ham boʻlardi. Lekin Qashqatoyev ovozga qoʻyish kerak, degan qarorga keldi. Bunda oʻzining yashirin maqsadi ham bor edi.

– Kim oʻrtoq Karimbekovning taklifiga qoʻshilsa qoʻl koʻtarishlaringizni soʻrayman. – Yana uch kishi uni yoqlab, uch kishi qarshi qoʻl koʻtaradi. Yana Qashqatoyev toʻrtinchi boʻlib qoʻl koʻtarib Segizboyevni hayfsandan qutqarib qoldi. «Lekin u buni bilarmikan, bu xizmatning qadriga yetarmikan? Kim biladi buni... Makkor, quv».

Odamlar ketishga tayyorlanib, oʻrinlaridan qoʻzgʻalishdi. Tanaboy endi hamma narsa tamom boʻldi deb oʻyladi va indamay oʻrnidan turdi, hech kimga qaramay eshik tomon yura boshladi.

– Bakasov, qayoqqa? – Toʻxtatdi uni Qashqatoyev. – Partiya biletingizni qoldirib keting.

– Qoldirib ketay? – Nima hodisa boʻlganini Tanaboy endi tushungan edi.

– Ha. Stolga qoʻying. Endi siz partiya a’zosi emassiz va uni olib yurishga haqqingiz yoʻq.

Tanaboy partbiletini olish uchun qoʻyniga qoʻl soldi. Oraga choʻkkan jimlikda u ancha ivirsidi. Uning partbileti fufaykasi, kostyumi ostidagi charm sumkachada boʻlib, buni Jaydar tikib bergan edi. Bu sumkachani Tanaboy qayish oʻtkazib yelkasiga taqib yurardi. Xullas, u sumkachani oldi. Qoʻynidan koʻksiga tegib, badanining iliq hid urib qolgan partiya biletini oldi va Qashqatoyevning sovuq, yarqiroq stoli ustiga qoʻydi. Hatto oʻzi ham sovuqqa qotgandek junjikib ketdi. Yana hech kimga qaramasdan sumkachasini qoʻyniga solib ketmoqchi boʻldi.

– Oʻrtoq Bakasov, – orqadan Karimbekovning ovozi eshitildi. Uning yuragi achigani bilinib turardi.

– Oʻzingiz nima deysiz? Axir siz bu yerda hech gap aytmadingiz-ku. Ehtimol sizga qiyin boʻlgandir. Biz oʻylaymizki, yuzingizga eshik yopilgani yoʻq, ertami, kechmi yana partiya safiga qaytishingiz mumkin. Ayting-chi, hozir nima haqida oʻylayapsiz?!

Tanaboy noqulay ahvolga tushib, hali ham qanday boʻlmasin oʻz yelkasiga tushgan gʻam yukini yengillatishga harakat qilayotgan notanish yigitga alam bilan qayrilib qaradi.

– Men nima ham derdim. Bu yerda hammasini gapirib boʻlmaydi, – dedi gʻamgin. – Faqat bir narsani aytishim mumkin. Agar qoʻl koʻtargan boʻlsam ham, yomon gaplar aytgan boʻlsam ham, hech aybdor emasman. Buni men sizlarga tushuntira olmayman. Gapning bori shu.

Oraga ogʻir jimlik choʻkdi.

– Hm, demak, sen partiyadan xafa boʻlyapsanmi? – jahli chiqib dedi Qashqatoyev. – Lekin oʻzing bilasan, oʻrtoq. Partiya senga maslahat berib toʻgʻri yoʻlga soldi, seni suddan asrab qoldi. Sen boʻlsang bundan rozi emassan, qaytaga xafa boʻlyapsan. Demak, sen haqiqatan ham partiya a’zosi degan nomga munosib emassan. Bundan keyin senga eshik ochiq boʻlishi dargumon.

Tanaboy raykomdan bamaylixotir koʻrinishda chiqdi. Haddan ziyod xotirjam koʻrinardi. Bu yomon alomat edi. Havo iliq, quyosh charaqlab turardi. Kech kirmoqda. Odamlar oʻz ishlari bilan oʻtib ketayotgan edilar. Klub oldidagi maydonda bolalar yugurib oʻynashardi. Tanaboy bularga qaragan sari oʻz-oʻzidan yuragi ezilardi. Bu yerdan tezroq joʻnash kerak, toqqa, oʻz uyiga. Bundan ham yomonroq hodisa yuz bermasdan joʻnab qolish kerak.

Ot bogʻlaydigan gʻov oldida uning oti bilan yonma-yon Gulsari turardi. Tanaboy yaqinlashishi bilan katta, uzun, baquvvat ot bir oyogʻini qoʻyib, ikkinchi oyogʻini bosdi, qora, osoyishta koʻzlari ishonch bilan unga tikilib turdi. Tanaboy panshaxa bilan uning boshiga qanday urganini yoʻrgʻa allaqachon unutgan edi. Shuning uchun ham u ot-da.

– Esingdan chiqar, Gulsari, xafa boʻlma, – shivirladi yoʻrgʻaga Tanaboy. –Mening qaygʻum ogʻir. Juda ogʻir. – Otning boʻynidan quchoqlab xoʻrsindi, oʻtib turgan odamlardan uyalganidan oʻzini zoʻrgʻa yigʻidan tiydi.

Otiga minib uyga joʻnadi. Aleksandrovka tepaligidan oʻtgandan keyin Choro unga yetib oldi. Orqadan yelib kelayotgan yoʻrgʻaning tanish tuyoq tovushlarini eshitishi bilan Tanaboy zarda bilan labini qimtib, oʻshshaydi. Qayrilib ham qaramadi. Alamidan uning koʻngli gʻash, koʻz oldi qorongʻi edi. Endi Choro butunlay boshqa, avvalgiga sira oʻxshamasdi. Mana bugun Qashqatoyev bir baqirib berishi bilan u xuddi intizomli oʻquvchidek itoatkorona oʻrniga oʻtirib qoldi. Keyin nima boʻladi? Odamlar unga ishonishadi, u boʻlsa toʻgʻri gapni aytishdan qoʻrqadi. Har gapida oʻzini ehtiyot qilib gapiradi. Buni unga kim oʻrgatdi? Mayli, Tanaboy qoloq odam, oddiy kolxozchi boʻlsin, ammo u savodli, hamma narsani biladi, butun umr rahbar boʻlib yuradi-ku. Bularning hammasi Segizboyevlar va Qashqatoyevlar aytganidek emas ekanligini nahotki Choro payqamasa! Ularning soʻzlari sirti yaltiroq, aslida esa yolgʻon va safsatadan iborat ekanligini nahotki bilmasa. U kimni aldayapti, nima maqsadda?

Choro chopaverib qizib ketgan yoʻrgʻani jilovidan tortib yetib olganida, yonma-yon ketayotganlarida ham Tanaboy unga oʻgirilib qaramadi.

– Men birga qaytamiz deb oʻylagan edim, Tanaboy – dedi u nafasini rostlab. – Qarasam, sen joʻnab qolibsan...

– Senga nima? – dedi hamon unga qaramay Tanaboy. – Oʻz yoʻlingga ketaver.

– Kel, gaplashib olaylik. Yuz oʻgirma, Tanaboy. Doʻstona, kommunistlarcha gapirishamiz, – gap boshladi Choro va gapi ogʻzida qoldi.

– Men senga doʻst emasman, buning ustiga endi kommunist ham emasman. Ha, sen ham koʻpdan beri kommunist emassan. Tilyogʻlamalik qilyapsan.

– Sen buni jiddiy gapiryapsanmi? – soʻradi Choro, past ovoz bilan.

– Albatta, jiddiy. Soʻz tanlashni ham oʻrganganim yoʻq. Nimani, qayerda va qanday gapirishni ham bilmayman. Xayr boʻlmasa, sen toʻgʻriga ketasan, men esa bu yoqqa burilaman. – Tanaboy otni yoʻldan chetga burdi, qayrilmasdan va doʻstining yuziga biron marta ham qaramasdan otni toʻgʻri dala orqali toqqa haydab ketdi.

U Choroning murdaga oʻxshab oqarib ketganini, qoʻlini choʻzib buni toʻxtatishni istaganini va keyin tomirlari tortishib, koʻkragini ushlagancha, yoʻrgʻaning yoliga yotib olganini, ogʻzini kappa-kappa ochib nafas olayotganini koʻrmadi.

– Ahvolim chatoq, – pichirladi Choro, chidab boʻlmas ogʻriqdan gʻujanak boʻlib, – voy, ahvolim yomon! – xirillardi u koʻkarib, nafasi qisilib. – Tezroq, ovulga, Gulsari, tezroq, ovulga.

Yoʻrgʻa qorongʻi, kimsasiz dashtda ovul sari uchib borardi, ustidagi odamning ovozi otni choʻchitardi, ovozida allaqanday qoʻrqinchli, vahimali narsa bor edi. Chopib borayotib Gulsari qoʻrquvdan pishqirar va quloqlarini chimirardi. Odam esa egar ustida azob chekar, gʻujanak boʻlib, titragan qoʻllari va tishlari bilan otning yoliga mahkam yopishib olgan edi. Tizgin chopib borayotgan Gulsarining boʻynida osilib borardi.

XX

Kech payti edi, Tanaboy hali yoʻlda toqqa ketayotganida, ovul koʻchalaridan bir otliq chopib oʻtdi, bezovtalangan itlar huriy boshladi.

– Hoy, bu hovlida kim bor? Bu yoqqa chiq! – chaqirdi u hovli egasini. – Idoraga, partiya majlisiga.

– Nima gap oʻzi? Nega muncha shoshilinch?

– Bilmadim, – javob berdi xabarchi. – Choro chaqiryapti. Tezroq kelishsin dedi.

Choroning oʻzi esa shu mahal idorada oʻtirgan edi. Yelkalarini stol chetiga qoʻyib hansirab nafas olar, panjasi bilan koʻylagi ostidan koʻkragini qattiq gʻijimlardi. Ogʻriq azobidan ingrar, lablarini tishlardi. Koʻkarib ketgan yuzlaridan sovuq ter chiqdi. Qovoqlari koʻkargan, koʻzlari ichiga tushib ketgandi. Ba’zan u hushidan ketib, nazarida yana qorongʻi dashtlikda yoʻrgʻa ustida kelayotganday edi, Tanaboyni chaqirishni istardi-yu, u nishtarday botadigan soʻzlarni aytib, orqasiga ham qaramay ketardi. Tanaboyning soʻzlari uning yurak-bagʻrini yondirib, oʻrtar edi...

Pichan ustida yotib bir oz dam olgandan soʻng partorgni qoʻltigʻidan ushlab otxonadan bu yoqqa olib keldilar. Otboqarlar uni hovlisiga olib ketmoqchi boʻldilar, lekin u bunga koʻnmadi. Kommunistlarni chaqirib kelishga odam yuborib, endi ularni ana keladi, mana keladi deb kutardi.

Qorovul ayol chiroqni yoqib, Choroni holi qoldirdi-da, dahlizdagi pechkaga oʻt qoʻyish bilan ovora boʻldi, u ba’zan qiya ochilgan eshikdan qarab uh tortib, boshini chayqab qoʻyardi.

Choro odamlarni kutardi, vaqt esa imillab oʻtayotgan edi. Unga ato qilingan va koʻpgina qismini yashab boʻlgandan keyingina qadriga yeta boshlagan bu hayot endi har daqiqa sayin achchiq va alamli tomchilar singari tomib tamom boʻlayotganday edi. U kunlari va yillari qanday oʻtganini payqamay qoldi. Hash-pash deguncha ular mehnat bilan oʻtib ketdi. Uning kutgan narsasining hammasi roʻyobga chiqmadi; hamma narsa u istagancha boʻlmadi. Harakat qildi, kurashdi, biroq mushkuldan qutulish uchun, yurish bunchalik xatarli boʻlmasin uchun allaqayerlarda chekindi, chetlab oʻtdi. Ammo ularni chetlab oʻtolmadi. Toʻqnash kelib qolishdan qoʻrqib yurgan kuch uni boshi berk koʻchaga siqib qoʻygan edi, endi chekinish mumkin emasdi, yoʻl tamom boʻlgandi. Eh, agar u oʻz xatosini ertaroq tushungandami, hayot koʻziga tik qarashga oʻzini vaqtliroq majbur etgandami...

Hayot achchiq va alamli tomchilar singari tomib tugab borayotgandi. Odamlar tezroq kelaqolsa boʻlmaydimi! Muncha uzoq kuttirishyapti!

«Faqat ulgursam boʻlgani, – qoʻrquv aralash oʻylardi Choro. – Hammasini aytishga ulgursam bas! – Bu umidsiz, unsiz nido bilan soʻnib tugallanayotgan hayotini saqlab turardi. Oʻzini dadil tutishga harakat qilib, soʻnggi jangga hozirlanardi. – Ishning qanday sodir boʻlganligini, byuroning qanday oʻtganligini, Tanaboyning partiyadan qanday chiqarganliklarini hammasini gapirib beraman. Bilib qoʻyishsin: men raykomning bu qaroriga qoʻshila olmayman. Bilib qoʻyishsin: men Tanaboyning partiyadan chiqarilishiga rozi emasman. Aldanov haqida qanday fikrda boʻlsam, barini aytib beraman. Mayli, mendan keyin uning ma’ruzasini eshitishsin. Mayli, kommunistlar hal qilishsin.

Men kim ekanligimni batafsil soʻzlab beraman. Kolxozimiz haqida, kishilar haqida gapiraman... Faqat ulgurish kerak, tezroq kelishsa edi, tezroq...»

Birinchi boʻlib xotini dori bilan yetib keldi. U juda qoʻrqib ketgan edi, bir narsalar deb yigʻlardi.

– Aqling joyidami oʻzi? Nahotki shu majlislardan toʻymagan boʻlsang. Yur uyga. Rang-roʻyingga qara, hech boʻlmasa oʻzing toʻgʻringda oʻylab koʻrsang-chi.

Choro eshitishni istamasdi. Dorini ichaturib qoʻl siltadi. Tishlari stakanga urilib, koʻkragiga oqib tushdi.

– Hechqisi yoʻq, endi oʻzimni yaxshi sezyapman, – derdi u bir maromda nafas olishga harakat qilib. – Sen meni u yerda kutib tur, keyin boshlab olib ketasan. Qoʻrqma, boraver.

Koʻchada kishilarning oyoq tovushi eshitilishi bilan Choro stol yonida qaddini rostladi, oʻzining soʻnggi burchi deb hisoblagan narsalarni ado etish uchun ogʻriqqa bardosh berib, bor kuchini toʻpladi:

– Nima hodisa yuz berdi? Senga nima boʻldi, Choro? – soʻrashardi undan.

– Hech nima. Hozir aytaman, hammasi kelishsin, – javob berdi u.

Umr achchiq va alamli tomchilar singari tomib, tugab borayotgandi.

Kommunistlar toʻplanishganda partorg Choro Sayoqov stoldan turib, boshidan telpagini oldi va partiya majlisini ochiq deb e’lon qildi...

XXI

Tanaboy uyiga tunda yetib keldi. Jaydar hovliga fonar' koʻtarib chiqdi. Kutaverib koʻzlari toʻrt boʻlgandi. U eriga koʻzi tushishi bilanoq allaqanday musibat yuz berganini angladi. Tanaboy jimgina otining suvligʻini chiqardi, egarini olib qoʻydi. Jaydar esa chiroqni tutib turardi. Tanaboy lom-mim demasdi. Uning bu sukuti tobora dahshatliroq boʻlib tuyulardi. Bechora Jaydar boʻlsa uni xursand qilmoqchi edi: tumandan bir oz xashak, somon va arpa uni keltirishgandi. Havo ham ancha isib, qoʻzilarni yaylovga chiqardilar, ular endi maysalarni chimtib yemoqdalar.

– Bektoyning otarini olib ketishdi, yangi choʻpon yuborishdi, – dedi u.

– E, Xudo ursin, oʻsha choʻponingni ham, Bektoy-u otaringni ham.

– Charchadingmi?

– Nega charchar ekanman? Partiyadan haydashdi!

– Sekinroq, saqmonchilar eshitib qolishadi.

– Eshitsa nima? Nega yashirar ekanman. Daydi itdek haydab yuborishdi. Shunday qilishlari kerak edi. Seni ham shunday qilish kerak. Bizdaqangilarga bu ham oz. Nega turib qolding? Muncha angrayasan?

– Borib dam olgin.

– Buni oʻzim ham bilaman.

Tanaboy qoʻyxona tomon ketdi. Qoʻylarni koʻzdan kechirdi. Soʻng qoʻraga chiqib, qorongʻida tentirab yurdi-da, yana qoʻyxonaga qaytib keldi. Oʻzini qoʻyarga joy topolmasdi. U ovqatlanishdan ham, gapirishdan ham bosh tortgan edi. Bir burchakdagi somon ustiga oʻzini tashlab qimir etmay yotdi. Tirikchilik, kundalik tashvish, hadiksirashlar endi bir pul edi. Uning koʻngliga qil sigʻmasdi. Yashashni ham, oʻylashni ham, atrofdagi biron narsani koʻrishni ham istamasdi.

Tanaboy u yoqqa agʻanardi, bu yoqqa agʻanardi, hamma narsani esdan chiqarib uxlamoqchi boʻlardi. Biroq hamma narsani unutib boʻlarmidi? U yana oʻtgan ishlarni esladi. Bektoyning qay tarzda otarni tashlab ketganligi, oppoq qorda uning qora izlari qolganligi, Bektoyning soʻziga javoban ogʻiz ocha olmaganligini birma-bir esga oldi, yana Segizboyevning yoʻrgʻa ustidan turib baqirib, ogʻizga olib boʻlmaydigan soʻzlar bilan uni soʻkkani, turmaga solaman deb doʻq urgani, tuman partiya komitetining byurosida Tanaboyni zararli shaxs va xalq dushmani deb ataganlarini xayoldan oʻtkazdi. Shu bilan hamma narsa, uning butun hayoti tugaganday edi. Yana biron bir jarga yiqilib tushib boʻyni sinmaguncha panshaxani ushlab, qorongʻi tun qa’riga qarab chopish, dodlash, faryod chekishni istardi.

Koʻzi uyquga ketarkan, u bunday hayotdan koʻra oʻlim afzal deb oʻylardi. Ha, ha, oʻlim afzal!

...Boshi ogʻrib uyqudan turdi. Bir necha daqiqa oʻzining qayerdaligini, nima boʻlganligini anglay olmadi. Yon-atrofida qoʻylar yoʻtalishar, qoʻzichoqlar ma’rashardi. Endi bilsa qoʻyxonada yotgan ekan. Hovlida tong yorishib kelmoqda. Nega uygʻondi? Nima uchun? Uygʻonmagani ma’qul edi. Birgina oʻlimdan boshqa iloj qolmadi, oʻzini oʻldirishi kerak.

...Shundan soʻng u ariqdan hovuchlab suv ichdi. Suv nihoyatda sovuq boʻlib, yuzi yupqagina muzlagan edi. Qaltiroq barmoqlari orasidan suv shildirab oqib tushar, u boʻlsa yana hovuchini suvga toʻldirib, sipqorib ichardi. Bir oz nafasini rostlab oʻziga keldi, faqat shundagina u oʻzini oʻldirish haqidagi fikri ahmoqona fikr ekanligini tushunib yetdi. Insonga bir marta beriladigan hayotdan qanday qilib oʻzini mahrum etish mumkin?! Segizboyevlar shunga arziydimi? Yoʻq, hali Tanaboy yashashni xohlaydi, hali u togʻni talqon qiladi...

Uyiga qaytib kelib miltiq va patrontoshni sekingina bekitib qoʻydi va shu kuni kechgacha ishladi. Xotini bilan qizchalari va saqmonchi ayollar bilan shirin muomalada boʻlmoqchi edi-yu, lekin xotinlar biron narsani sezib qolishmasin deb oʻzini qoʻlga oldi. Xotinlar esa, goʻyo hech narsa roʻy bermaganday, hamma ish joyida ekanday, oʻz ishlari bilan mashgʻul edilar. Tanaboy ularning bu qiligʻidan gʻoyat xursand edi va lom-mim demasdan ishni davom ettiraverardi. U yaylovga chiqib, qoʻylarni haydab kelishga yordam berdi. Kechqurun havo ayniy boshladi. Qor yoki yomgʻir yogʻishi aniq edi. Chor- atrofdagi togʻlarni tuman qoplab, koʻk yuzini qalin bulutlar chulgʻab olgan edi. Yana qoʻzichoqlarni sovuqdan asrash haqida bosh qotirish kerak. Yana qirgʻin boshlanmasin uchun qoʻyxonani tozalab, ostiga somon sochish lozim edi. Tanaboy diqqat boʻlar, lekin oʻtgan voqealarni imkon qadar unutishga, umidsizlikka tushmaslikka harakat qilardi.

Havo qorongʻilashganda qoʻrada bir otliq paydo boʻldi. Jaydar uni qarshi oldi. Ular allanimalar haqida gaplashishardi. Bu vaqt Tanaboy qoʻyxonada ish bilan band edi.

– Bir daqiqaga bu yoqqa chiq, – xotini uni chaqirdi, – bir odam kelibdi. – Tanaboy xotinining ovozidan qandaydir koʻngilsiz voqea roʻy berganini sezdi.

Hovliga chiqib, otliq bilan koʻrishdi. U odam qoʻshni ovulning choʻponi ekan.

– E, Aytboy, senmisan? Otdan tush. Qayerlardan soʻraymiz?

– Ovuldan kelayotirman. Bir ish bilan borgan edim. Aytishlaricha, Choro qattiq kasal ekan. Sen albatta oldiga borarmishsan. Shunday deb tayinladilar.

«Yana Choro». Unutilgan gʻam-alamlar yana qaytadan yangilanadi. Tanaboy uning diydorini koʻrishni istamasdi.

– Nima, men doʻxtirmidim? U hamisha kasal. Usiz ham tashvishim boshimdan oshib yotibdi. Koʻrib turibsan-ku, havoning avzoyi ham buzilib kelyapti.

– Borasizmi, bormaysizmi, bu yogʻini oʻzingiz bilasiz. Menga tayinlagan gaplarini kelib aytdim. Xayr, vaqtim ziq, kech tushib qoldi.

Aytboy otini yoʻlga burdi-yu, lekin yana jilovini tortib dedi:

– Tanaka, yana bir oʻylab koʻr. Ahvoli yomon. Oʻgʻlini oʻqishdan chaqirtiribdilar. Vokzalga kutib olgani ketishibdi.

– Xabar keltirganing uchun rahmat. Ammo men bormayman.

– Boradi, – uyalib-qizarib gapga aralashdi Jaydar, – tashvish tortmang, boradi u.

Tanaboy indamadi. Ammo Aytboy bir oz uzoqlashgach, xotiniga oʻshqirdi:

– Sen bu odatingni tashla. Nega mening nomimdan sen javob berasan? Nima qilishimni oʻzim bilaman. Bormayman dedimmi, bormayman!

– Nima deyayotganingni bilyapsanmi, Tanaboy?

– Oʻylab oʻtirishimning hojati yoʻq. Yetar endi. Andisha qila-qila partiyadan ham chiqib qoldim. Mening endi hech kimim yoʻq. Men kasal boʻlsam, biron kimsa koʻrgani kelmasin. Bir oʻzim peshonamdagini koʻrarman! –dedi gʻazab bilan qoʻl siltab va qoʻyxona tomon odimlab ketdi.

Lekin koʻngli hamon joyiga tushmasdi. Ona qoʻylar oldidan yangi tugʻilgan qoʻzichoqlarni koʻtarib, ularni bir burchakka eltib qoʻyar, qoʻylar orasida yurib borayotib, ma’rayotgan qoʻylarga «chu» deb, oʻz-oʻzicha doʻngʻillab qoʻyardi:

– Allaqachonlar ketganida bunchalik azob tortmasdi. Qachon qarasang yuragini changallab yuradi-yu, lekin egardan tushmaydi. Boshliq emish! Yelkamning chuquri koʻrsin seni. Xafa boʻlsang boʻlaver, men ham sendan xafaman. Hech kim bilan ishim yoʻq...

Hovli qorongʻi. Qor asta-sekin yogʻa boshladi. Koinot shu darajada xomush va sokin ediki, hatto qor zarrachalarining yerga tushayotgani ham eshitilardi.

Tanaboy oʻtovga kirmadi, xotini bilan gaplashishdan oʻzini olib qochib yurdi. Jaydar ham uning oldiga kelmasdi. «Oʻsha yerda oʻtirsang oʻtiraver, – deb oʻyladi Tanaboy. – Lekin meni borishga majbur etolmaysan. Endi men uchun bularning hammasi ahamiyatsiz. Men bilan Choro mutlaqo begona kishilarmiz. Uning yoʻli boshqa, mening yoʻlim boshqa. Oldin doʻst boʻlsak endi begonamiz. Agar men uning doʻsti boʻlsam shu mahalgacha u qayerda edi? Yoʻq, men uchun endi bu ahamiyatsiz...»

Oxiri Jaydar uning oldiga keldi. U erining kishilik chakmoni, yangi etik, belbogʻ, qoʻlqop va telpagini keltirgandi.

– Kiyimingni kiy, – dedi u.

– Bekorga urinyapsan. Hech qayerga bormayman.

– Vaqtni oʻtkazma, biron hodisa sodir boʻlsa, keyin oʻzing umr boʻyi pushaymon boʻlib yurasan.

– Pushaymon boʻlmayman. Hech qanday hodisa ham roʻy bermaydi. Bir oz yotadi-da, yana ishiga chiqib ketadi. Biz uni endi koʻribmizmi.

– Tanaboy, men sendan hech vaqt biron narsa iltimos qilmagan edim. Mana endi sendan iltimos qilaman: alam-qaygʻularingni menga qoldirgin-u, oʻzing borgin, bir odamgarchilik qil!

– Yoʻq! – qaysarlik bilan bosh chayqadi Tanaboy. – Bormayman. Endi men uchun bularning hammasi baribir. Sen odob va odatni oʻylaysan. «Odamlar nima deydi» deb oʻylaysan endi. Mening hech narsa bilan ishim yoʻq.

– Esingni yigʻib ol, Tanaboy. Men borib olovdan xabar olay, yana kigizga choʻgʻ sachramasin.

Jaydar erining ust-boshlarini uning oldida qoldirib ketdi. Lekin Tanaboy oʻrnidan qimirlamadi. Bir burchakda xayolga choʻmib oʻtiraverdi, oʻz qarorini buzishga jur’at etolmadi. Choroga aytgan soʻzlarini ham xotirasidan chiqarib tashlay olmasdi. Endi-chi: «Assalomu alaykum, bir koʻrib ketay deb keldim, sogʻliging qalay? Biron yordamim kerak emasmi» deb borsinmi? Yoʻq-yoʻq, u bunday qila olmaydi, bunga odatlanmagan.

Jaydar qaytib keldi:

– Hali kiyimlaringni kiymadingmi?

– Jonimga tegaverma. Bormayman dedim-ku...

– Oʻrningdan tur! – Gʻazab bilan baqirdi Jaydar. Tanaboy xuddi komandirning buyrugʻini bajargan soldatdek oʻrnidan sakrab turganini sezmay qoldi. Jaydar yaqin kelib fonarning xira shu’lasida gʻam choʻkkan gʻazabli koʻzlarini eriga tikdi. – Agar sen erkak boʻlmasang, inson boʻlmasang, mushtipar bir ojiza boʻlsang, sen uchun men boraman, sen esa lab-lunjingni osiltirib oʻtiraver! Hoziroq joʻnayman. Bor, otni darhol egarla.

Tanaboy xotinining farmoniga boʻysunib, otni egarlagani ketdi. Eshikda maydalab qor yogʻayotgan edi. Zulmat goʻyo girdobdek charxpalaksimon tovushsiz aylanardi. Zim-ziyo qorongʻilikda hatto togʻlar ham koʻrinmasdi. «Endi bu koʻrgilik ham bor ekan! Shunday qorongʻi kechada tanho oʻzi qayerga boradi? – qorongʻida ot ustiga egar tashlar ekan, dilidan oʻtkazdi u, – koshki gapga kirsa. Aytganini qilmasdan qoʻymaydi. Oʻldirsang ham qaytmaydi. Yoʻlda biron hodisa yuz bersa nima boʻladi? He, oʻzidan koʻrsin...»

Tanaboy otni egarladi-yu, oʻz-oʻzidan uyalib ketdi. «Rostdan ham odam emasman. Meni xafa qilishdi deb aqlimni yeb qoʻyibman. Ranjiganimni hammaga namoyish etib yuribman: mana koʻring, men qanday gʻamgin, ahvolim naqadar ogʻir deb jar solmoqdaman. Bechora xotinimni ham qiynab yubordim. Unda nima gunoh? Nega uni bunchalik qiynayman? Bu ishim yaxshilikka olib bormaydi. Men yaramas odamman. Hayvonman, ha hayvon!»

Tanaboy ikkilanib qoldi. Lekin oʻz gapidan qaytish ham oson emas edi. U boshini quyi solganicha uyga qaytib keldi.

– Egarladingmi?

– Ha!

– Boʻlmasam min, – dedi-da, Jaydar plashni uzatdi. Tanaboy indamay kiyina boshladi. U xotinining birinchi boʻlib murosaga kelganidan xursand edi. Ayni vaqtda u xoʻjakoʻrsinga sarkashlik qilib:

– Ertaga borsam-chi? – dedi.

– Yoʻq, hozir yoʻlga tush. Keyin kech boʻladi.

Togʻlarni sekin-asta tun zulmati qoplab olayotgan edi.

Laylak qor sekin-asta, bir maromda uchib tushayotgandi. Tanaboy qop-qorongʻi yonbagʻirlar boʻylab bir vaqtlari tark etgan doʻsti tomon tanho yelib borardi. Boshiga, yelkalariga, soqoli va qoʻllariga qor uchqunlari yopishib qolardi. Tanaboy egarda qimirlamay oʻtirar, ustidagi qorlarni ham qoqmasdi. Shu zaylda xayol surish qulay edi. U Choro haqida, ularni bir-biriga uzoq yillar doʻst qilib qoʻygan narsalar haqida oʻylardi. Choro unga savod oʻrgatgan paytlarini, keyin esa birgalikda komsomolga va soʻngra partiyaga kirgan kezlarini oʻylardi. Bir vaqtlari Choro bilan kanal qurilishida birga ishlaganlarini, kunlardan birida Choro Tanaboyning surati bilan u haqda kichik maqola bosilgan gazetani hammadan oldin olib kelib, hammadan oldin Tanaboyning qoʻlini siqib tabriklaganini esladi.

Tanaboyning koʻngli borgan sari yumshar va qalbini allaqanday nogahoniy tashvishli his qamrab olar edi: «Hozir ahvoli qanday ekan-a? Bordi-yu, haqiqatda ham ahvoli ogʻir boʻlsa-chi? Nega oʻgʻlini chaqirtirdi ekan? Yoki unga biron narsa demoqchimikan? Vasiyat qilib, vidolashmoqchimikan?..»

Tong yorishib kelmoqda. Hamon charx urib qor yogʻardi.

Tanaboy otini haydab yeldirib ketdi. Hademay anavi tepaliklar etagidagi pastqamlikda ovul koʻrinadi. Choroning holi nima kechdi ekan? Tezroq yetib borish kerak.

Nogoh ovul tomondan tong sukunati ichida allanechuk mungli nola qulogʻiga chalindi. Goʻyo kimningdir faryodi eshitilib yana jimib qoldi. Tanaboy otning jilovini tortib, shamol kelayotgan oʻsha tomon quloq solib turdi. Hech narsa eshitilmasdi. Ehtimol, uning qulogʻiga shunday eshitilgandir.

Ot Tanaboyni tepalikka olib chiqdi. Pastlikda, qor ostida qolgan polizlar va yalangʻoch daraxtlar orasida kimsasiz ovul koʻchalari choʻzilib yotardi. Hali erta boʻlgani uchun koʻchalarda hech kim koʻrinmasdi. Faqat bir hovli oldida odamlar toʻdasi qorayib koʻrinar, otlar daraxtlarga qantarib qoʻyilgan edi. Bu Choroning hovlisi edi. Nega u yerda odamlar bunchalik koʻp. Nima boʻldi ekan? Nahotki...

Tanaboy uzangida qomatini rostlab, entika-entika muzdek havodan chuqur bir nafas oldi-da, jimib qoldi. Va shu zahotiyoq otini pastlikka qarab soldi. Yoʻgʻ-e. Bunday boʻlishi mumkin emas. Koʻngli behuzur boʻla boshladi, goʻyo u yerda sodir bulgan biron voqea uchun oʻzini gunohkor deb his etar edi. Yagona doʻsti abadiy koʻz yumish oldida vidolashmoq uchun chaqirsa-yu, u qaysarlik qilib, oʻjarlik qilib, arazlab yursa. Endi u nima degan odam boʻldi. Nega xotini uning yuziga «tuf» demadi? Jon talvasasida yotgan kishining oxirgi iltimosiga quloq solishdan ham sharafliroq narsa bormi bu dunyoda?

Tanaboyning koʻz oʻngida yana oʻsha Choro yoʻrgʻa samanda orqasidan yetib kelgan dasht yoʻli namoyon boʻldi. Oʻshanda u Choroga nimalar demagandi? Uning bu gunohlarini kechirib boʻladimi endi?

Tanaboy ot ustida oʻz aybi va or-nomus yuki ostida egilganicha qorli koʻchadan es-hushidan ayrilib borardi.

U birdan Choro hovlisi roʻparasida bir guruh otliqlarni koʻrdi. Ular ovoz chiqarmasdan toʻplanishib kelishardi. Kutilmaganda ular egarda toʻlgʻanishib baravariga dod-faryod cheka boshladilar.

– Oʻy-bay, bovurim-oy! Oʻy-bay, bovurim!

«Qozoqlar kelishibdi», – dedi Tanaboy va doʻstidan judo boʻlganini endi bildi. Daryoning naryogʻidan kelgan qoʻshni qozoqlar Choro uchun eng yaqin birodarlari va qoʻshnilari uchun butun okrugda moʻ’tabar boʻlgan, oʻzlarining yaqin doʻstlari uchun koʻz yoshi toʻkar edilar. «Rahmat sizlarga, doʻstlar, – koʻnglidan oʻtkazdi Tanaboy. – Ota-bobolarimiz davridan beri sizlar shodligimizga ham, gʻam-anduhimizga ham sherik edingiz, toʻy-u uloqlarni birga oʻtkazar edik. Ha, doʻstlar yigʻlang, biz bilan yigʻlang!»

Ularga qoʻshilib Tanaboyning oʻzi ham bor ovoz bilan faryod chekib butun tonggi ovulni larzaga keltirdi:

– Choro-oo! Choro-o-o-o! Choro-o-o-o!

U otini yoʻrttirib borar ekan, egar ustida u yoqdan-bu yoqqa chayqalib bu dunyodan koʻz yumgan doʻsti xotirasi uchun zor-zor yigʻlar edi...

Mana Choroning hovlisi. Gulsarini eshik oldiga bogʻlab qoʻyibdilar, uning ustida motam yopigʻi. Sagʻrisiga tushayotgan qor uchqunlari asta-sekin erib ketayotgan edi. Gulsari endi egasiz qoldi. Quruq egar bilan turardi.

Tanaboy oʻzini otining yoliga tashlar, qaddini koʻtarib, yana tashlanar edi. Kishilarning yuzini tuman bosgandek zoʻrgʻa ajrata olardi. Hamma yoqda yigʻi-sigʻi. Gʻala-gʻovur ichida kimningdir:

– Tanaboyni otdan tushirib, Choroning oʻgʻli oldiga olib boringlar, – deganini ham eshitmasdi.

Bir necha kishi uni otdan tushirishga yordamlashdi, qoʻltigʻidan olib, odamlar orasidan olib oʻtishdi.

– Meni kechir, Choro, meni kechir! – yigʻlardi Tanaboy.

Hovlida Choroning oʻgʻli student Shomansur uy devoriga yuzini qoʻyganicha turardi. U oʻgirilib jiqqa yoshga toʻlgan koʻzlarini Tanaboyga tikdi. Ular yigʻlab quchoqlashib koʻrishishdi.

– Sen otangdan, men doʻstimdan judo boʻldik! Meni kechir Choro! Meni kechir! – entikib hoʻngrab yigʻlardi Tanaboy...

Soʻngra ularni ajratishdi. Shu payt Tanaboyning koʻzi, yonida turgan xotinlar orasidagi Bibijonga tushdi. U Tanaboyga qarab koʻz yoshlarini duv-duv toʻkardi. Uni koʻrish bilan Tanaboy yanada hoʻngrab yigʻlab yubordi.

U Bibijonning yaqinroq kelib, tasalli berishini, koʻz yoshlarini artishini istardi. Ammo u yaqin kelmadi. Joyida turganicha yigʻlardi. Tanaboyni boshqalar ovutmoqchi boʻlishardi.

– Bas qil, Tanaboy, yigʻidan naf yoʻq, boʻldi endi.

Bundan uning dard-alami oshib, yana zor-zor yigʻlardi.

XXII

Peshindan soʻng Choroni dafn etdilar. Quyoshning soʻnik gardishi harakatsiz oqish bulutlar orasidan zoʻrgʻa koʻrinardi. Hamon havodan yumshoq hoʻl qor parchalari uchib tushayotgan edi. Koʻmishga ketayotganlar kumushdek oppoq dalada tinch oqar qoramtir daryo kabi oqib borayotgan edi. Bu daryo goʻyo bu yerda kutilmaganda paydo boʻlib, birinchi daf’a oʻziga yoʻl ochib borayotganday edi. Oldinda bortlari ochiq mashinada dafn etiladigan oppoq namatga mahkam oʻrab qoʻyilgan Choroning jasadini olib ketayotgan edilar. Uning yonida xotini, bola-chaqalari, qarindosh-urugʻlari oʻtirishardi. Qolgan boshqa otliqlar esa mashinaga ergashib borardi. Tanaboy va Shomansur mashina orqasidan piyoda borishardi. Tanaboy marhum doʻstining oti – egarlogʻliq Gulsarini yetaklab olgandi.

Ovuldan chiqaverishda yoʻl yumshoq qor bilan qoplangan edi. U ot tuyoqlari ostida toptalib, odamlar ketidan qora bir tasma singari choʻzilib borardi. Bu yoʻl goʻyo Choroning soʻnggi yoʻlini belgilab berayotganday, tepalik orqali qabristonga burildi. Endi bu yerda Choroning yoʻli tugar edi.

Tanaboy otni jilovidan ushlab yetaklab borar ekan, unga qarab oʻz ichida shunday deyardi:

«Ikkovimiz Choromizdan ajraldik, Gulsari. Endi u yoʻq, endi uni topib boʻlmaydi... Oʻsha kuni meni nega chaqirmading, meni yoʻlda toʻxtatmading? Xudo senga til bermagan-da. Men inson boʻlsam ham sendan tuban ekanman. Oʻz doʻstimni yoʻl oʻrtasida tashlab ketdim, unga qayrilib ham qaramadim, yoʻlimdan ham qaytmadim, oʻylab ham koʻrmadim. Choroni men oʻldirdim, ha, soʻz bilan oʻldirdim, soʻz bilan...»

Tanaboy yoʻl boʻyi to qabristonga bora-borguncha Chorodan kechirim soʻrab bordi. Qabristonda, Shomansur bilan birgalikda lahadga tushib Choroning jasadini mangu yotogʻiga qoʻyayotganda ham:

– Alvido, Choro! Meni kechir, eshityapsanmi, Choro, meni kechir! – der edi.

Avval odamlar kaftlarida siqimlab tuproq tashlashdi. Soʻng chor tarafdan belkuraklar bilan tuproqni surib tushira boshlashdi. Birpasda goʻr toʻlib, ustida yangi bir qabr hosil boʻldi.

Kechir, Choro!..

Fotihadan soʻng Shomansur Tanaboyni bir chekkaga chaqirib:

– Sizda ishim bor, Tanaka, gaplashib olishimiz kerak, – dedi.

Ular hovli orqali odamlar orasidan – tutab yotgan samovarlar va gulxanlar oldidan oʻtib, boqqa chiqishdi. Ariq labidan yurib polizning narigi yogʻidagi yangi yiqitilgan daraxt tanasiga borib oʻtirishdi. Ular bir oz jim oʻtirishdi, har biri oʻzicha xayol surardi. «Inson hayoti shu ekan-da, – oʻylardi Tanaboy. – Kechagina bola boʻlgan Shomansur bugun ajabtovur yigit boʻlib qopti. Gʻam-gʻussa uni yana ulgʻaytirib qoʻyibdi. Endi u Choroning oʻrniga oʻrinbosar boʻlib qoldi. Endi bir-birimiz bilan teng odamlardek gaplashamiz. Shunday ham boʻlishi kerak. Oʻgʻillar otalarining oʻrnini egallaydi. Oʻgʻillar otaning ishini davom ettirishadi. Ilohim, otasidek boʻlsin. Lekin bizlardan ilgarilab ketishsin, aql-farosatda, ishbilarmanlikda bizdan yuksak koʻtarilishsin, xalqqa xizmat qilib oʻzlari ham baxtli boʻlishsin. Biz – otalar: bizdan oʻzib ketsinlar, bizdan koʻra yaxshiroq ishlab, yaxshiroq yashasinlar degan umidda farzand oʻstiramiz... Ha, bizning umidimiz shu».

– Shomansur, sen endi oila boshligʻisan, – keksalardek soqolini silab dedi Tanaboy. – Endi sen Choroning oʻrnini bosasan. Men esa sening gaplaringga quloq solaman.

– Tanaka, men otamning vasiyatini sizga aytishim kerak, – dedi Shomansur.

Tanaboy bir seskanib tushdi, oʻgʻlining gapirishi va ovozidan otasining soʻz ohangi eshitildi, oʻsha yigit Choroning ruhiyatini his etdi. Choroning yoshlik yillarini Shomansur bilmasdi, Tanaboy esa uni bilardi va esda yaxshi saqlab qolgan edi. Tanishlari tirik ekan, inson oʻlmaydi, deb bekorga aytishmagan ekan.

– Qulogʻim senda, oʻgʻlim.

– Men otamni koʻz yummasdan oldin koʻrishga muyassar boʻldim, Tanaka. Kecha tunda oʻlimidan bir soat ilgari yetib kelishga ulgurdim. Oxirgi nafasga qadar es-hushi oʻzida edi. Koʻzlari, Tanaka, sizga intizor edi. «Tanaboy qani? Kelmadimi?» deb hadeb soʻrardi. Biz esa sizni yoʻlda, hozir yetib keladi, deb tasalli berardik. Aftidan sizga nimadir aytmoqchi edi, lekin muyassar boʻla olmadi.

– Ha, Shomansur. Bizning bir-birimiz bilan koʻrishishimiz juda zarur edi. Bir umrga dilimda armon boʻlib qoldi. Bunga men aybdorman. Ertaroq yetib kelolmadim.

– Otam menga bir narsani tayinladi. Oʻgʻlim, Tanakangga aytgin, kechirim soʻrayman, gina-kudurat saqlab yurmasin, mening partiya biletimni uning oʻzi tuman partiya komitetiga olib borib topshirsin. Mening biletimni Tanaboyning oʻzi, oʻz qoʻli bilan eltib topshirsin, yana unutmagin, albatta unga yetkazgin. Shundan soʻng hushidan ketdi. Qiynaldi. Jon berayotganda ham kimnidir kutayotganday qaradi. Yigʻi aralash allanimalarni uqtirdi, ammo biz anglay olmadik.

Tanaboy indamay oʻtirar, hiq-hiq yigʻlab, soqolini silardi. Choro ketdi. Ha, Tanaboyning dilini yarimta qilib, hayotining bir qismini olib ketdi.

– Soʻzlaring uchun rahmat, Shomansur, baraka top. Otangga ham rahmat, – dedi nihoyat Tanaboy oʻzini qoʻlga olib. – Lakin mening koʻnglimni bir narsa gʻash qilmoqda. Sen meni partiyadan chiqarganlarini bilasanmi?

– Bilaman!

– Partiyadan haydalgan boʻlaturib Choroning partiya biletini qanday qilib raykomga eltaman. Bunday qilishga haqqim yoʻq-ku!

– Bilmadim, Tanaka. Oʻzingiz bilasiz. Men otamning vasiyatini bajarmogʻim lozim. Men sizdan yana oʻtinib soʻrayman, otamning soʻzini yerda qoldirmang.

– Men jon-dilim bilan bajarar edim. Ammo boshimga musibat tushgan. Oʻzing eltib topshirsang durust boʻlmasmikan-a, Shomansur?!

– Yoʻq, boʻlmaydi. Otam soʻragan narsasini oʻzi yaxshi bilgan. Modomiki, u sizga ishonibdi, nega endi men ishonmas ekanman? Tuman partiya komitetiga borib ayting, Choro Sayoqovning vasiyati shunday ekan, deng.

Hali tong otganicha yoʻq edi, Tanaboy kallayi saharlab turib ovuldan chiqdi. U oʻsha uchqur otga minib olgandi, ha, oʻsha yaxshi va yomon kunlarida sadoqatli hamdami Gulsarining ustida oʻtirardi. Saman yoʻl chetidagi muzlab qolgan yerni oyoqlari bilan ezib-sachratib yelib borardi. U bu safar oʻzining sobiq xoʻjayini, marhum kommunist doʻsti Choro Sayoqovning maxsus topshirigʻi bilan tumanga borayotgan Tanaboyni eltardi.

Oldinda, cheksiz sahro etagidan asta-sekin tong yorishib kelardi. Subh ogʻushidan tugʻilgan shafaq gʻira-shira ufqni tobora nurafshon etardi...

Yoʻrgʻa ot oʻsha shafaq tomon, hanuz falak etagida yolgʻiz oʻzi yogʻdu sochayotgan yulduz tomon intilardi. Uning tanho oʻzi doʻpir-doʻpir yoʻrgʻalab, kimsasiz yolgʻiz oyoq dasht yoʻllariga jon kiritib borardi, Tanaboy koʻpdan beri saman yoʻrgʻani minmagan edi. Gulsari odatdagiday juda ham tez va tekis yoʻrgʻalab borar edi. Shamol otning yolini tarab, yol Tanaboyning yuzlariga urilardi. Ha, Gulsari kuchga toʻlgan ajoyib ot edi.

Tanaboy yoʻlda xayol surib bordi, oʻy-xayollarining boshiga yetolmadi: Nega Choro oʻlimi oldidan oʻz partbiletini raykomga eltib topshirishni unga – partiyadan chiqarilgan Tanaboyga vasiyat qildi? Choroning bundan maqsadi nima edi? Yoki uni sinamoqchi boʻldimikan? Yo ehtimol, bu bilan Tanaboyning partiyadan haydalishiga aslo rozi emasligini bildirmoqchimi? Endi bu muammoni aslo yecha olmaysan. Choro endi hech qachon hech narsa deya olmaydi. Ha, bu dunyoda «hech qachon» kabi dahshatli soʻzlar mavjud. Shu bilan gap tamom...

Yana allaqanday fikrlar uning miyasini chulgʻab oldi, Butunlay xayolidan chiqarib tashlamoqchi boʻlgan narsalar yana jonlana boshladi. Yoʻq, hali «tamom» deyishga erta.

Choroning vasiyati yodida. U doʻstining bileti bilan rayonga boradi, doʻsti haqida nimaiki bilsa, hammasini toʻkib-sochadi, xalq uchun, Tanaboyning oʻzi uchun Choroning qilgan yaxshiliklarini birma-bir aytib beradi. Oʻzi haqida ham gapirib beradi, zeroki, doʻsti bilan u bir qoʻlning etu tirnogʻidek edilar.

Ha, ularning yoshlik kezlarida qanday boʻlganliklarini va qanday hayot yoʻlini bosib oʻtganliklarini hamma bilib qoʻysin. Zoraki, odamlar Tanaboy bilan Choroni hayot vaqtlarida ham, vafotlaridan keyin ham bir-biridan ajratish insofdan emasligini tushunib yetsalar. Faqat gapiga quloq solsalar bas, koʻngil dardini izhor etishga imkon bersalar boʻlgani.

Tanaboy raykom sekretari qoshiga qanday kirib borishni, Choroning partiya biletini uning stoli ustiga qoʻyib barcha boʻlib oʻtgan voqealarni qanday aytib berishini oʻylab borardi. Oʻz gunohini boʻyniga olib kechirim soʻraydi, oʻzini yana partiya safiga qaytarishni iltimos qiladi, chunki u partiyasiz yashay olmaydi, busiz oʻz hayotini ham tasavvur qila olmaydi.

Bordiyu partiyadan oʻchgan shaxsning partiyaviy hujjatni keltirishga nima haqqi bor, deyishsa-chi. «Sen kommunistning partbiletiga qoʻl tegizmasliging, bunday ishlarga aralashmasliging kerak edi. Sendan boshqa odam topilardi», deyishsa-chi! Choroning soʻnggi istagi shu edi-ku axir! U oʻlimi oldidan shunday vasiyat qilgan edi. Buni oʻgʻli Shomansur ham tasdiqlaydi. «He, jon talvasada, behushlikda odam nimalarni gapirmaydi deysan». Unda Tanaboy nima deb javob beradi...

Gulsari muzlab yotgan yoʻldan tasirlatib chopib borardi. Mana, u bepoyon dashtni orqada qoldirib, Aleksandrovka tepaligiga chiqib oldi. Gulsari yelib borardi. Tanaboy tuman markaziga qanday yetib borganini bilmay qoldi.

Tuman tashkilotlarida ish kuni endigina boshlangan edi. Tanaboy hech qayerda toʻxtamasdan jiqqa terga botgan yoʻrgʻani toʻgʻri raykom binosi tomon haydadi. Otni qoziq-qa bogʻladi, ust-boshini qoqdi va yuragi «duk-duk» urib raykom binosiga kirdi. Unga nima der ekanlar? Qanday qabul qilishar ekan? Koridorda hech kim koʻrinmasdi. Hali kishilar ovullardan kelib ulgurmagandi. Tanaboy Qashqatoyevning qabulxonasiga kirdi.

– Salom,– dedi u sekretar' qizga.

– Salom!

– Oʻrtoq Qashqatoyev oʻzlaridami?

– Ha, oʻzlarida.

– Unday boʻlsa, kirib u kishiga ayting, partiya tashkilotimizning sekretari Choro Sayoqov vafot etdi. U oʻlimi oldida partiya biletini raykomga eltib berishimni iltimos qilgan edi, shuni keltirgan edim.

– Juda yaxshi. Bir zum kutib turing.

Sekretar' qiz Qashqatoyev kabinetida uzoq turib qolmagan boʻlsa-da, Tanaboyning toqati toq boʻldi, oʻzini qoʻyarga joy topolmadi.

– Oʻrtoq Qashqatoyev band ekanlar, – dedi sekretar' qiz kabinetdan chiqib eshikni jipslab yopar ekan. – U kishi Sayoqovning partbiletini hisobga olish sektoriga topshirishingizni aytdilar. Huv ana, koridor bilan borsangiz oʻng qoʻlda.

«Hisobga olish sektori... Koridor bilan borsangiz oʻng qoʻlda». Bu nima degan gap? – Tanaboy hech narsaga tushuna olmasdi. Shu payt voqeani darhol tushundi-yu, ruhi birdan tushib ketdi. Nahotki shunday boʻlsa? Nahotki bu shunday osongina ish boʻlsa. U oʻylagandiki...

– Mening unga gapim bor. Iltimos, kirib aytsangiz, juda zarur gapim bor.

Sekretar' qiz istar-istamas kabinetga kirdi va qaytib chiqib, yana dedi:

– U kishi juda ham band. – Keyin xayrixohlik bilan qoʻshib qoʻydi: – Axir sizning masalangiz hal etilgan edi-ku?! U sizni qabul qilmaydi, yaxshisi qayta qoling, – yana ilova qildi past ovoz bilan sekretar' qiz.

Tanaboy koridordan yurib, oʻngga burildi: «Hisobga olish sektori» degan yozuv. Eshikda darcha. Tiqillatdi. Darcha ochildi.

– Sizga nima kerak?

– Sizga biletni topshirgani keldim. Partorgimiz Choro Sayoqov vafot etdi. «Oqtosh» kolxozidan. – Tanaboy to kamzuli ostidagi tasmali charm xaltachani olguncha hisobot sektorining mudiri sabr bilan kutib turdi. Tanaboy unda yaqin kunlarga qadar oʻzining partiya biletini olib yurgan edi, bu safar esa unda Choroning partiya biletini olib keldi. Biletni darchadan uzatarkan: «Alvido, Choro!» – dedi. U vedomostga Choroning partiya bileti nomerini, familiyasini, ismini, otasining otini, partiya safiga kirgan yilini qanday yozayotganligiga qarab turdi. Bular u haqdagi oxirgi xotira edi. Keyin vedomostni qoʻl qoʻyishga uzatdi.

– Boʻldimi? – soʻradi Tanaboy.

– Boʻldi.

– Xayr.

– Xayr. – Darcha qattiq yopildi.

Tanaboy koʻchaga chiqdi. Yoʻrgʻaning tizginini yecha boshladi.

– Tamom, Gulsari, – dedi u otga, – vassalom. Tolmas yoʻrgʻa uni orqaga – ovulga uchirib olib ketdi.

Keng bahor dashti ot tuyogʻining dupur-dupuri ostida shamol bilan birga uni qarshilar edi. Faqat otning chopishigina Tanaboyni tinchlantirib, uning dardiga malham boʻldi.

Shu kuni kechqurunoq Tanaboy oʻz joyiga, toqqa qaytib keldi.

Xotini uni jimgina kutib oldi. Otning jilovidan tutib, erining qoʻltigʻidan ushlab egardan tushishga yordamlashdi. Tanaboy oʻgirilib xotinining kiftiga oʻzini tashlab quchoqladi. Xotini ham uni quchoqlab yigʻlardi.

– Choroni dafn etdik! U yoʻq oramizda, Jaydar. Yoʻq mening doʻstim! –deyardi Tanaboy yana koʻz yoshlariga erk berib.

Keyin u oʻtov oldidagi xarsang toshga jimgina oʻtirdi. Oʻzi xoli boʻlishini istardi. Oppoq qorli togʻning qirrali choʻqqilaridan sekin koʻtarilib kelayotgan oyning chiqishini koʻrishni istardi. Xotini oʻtovda bolalarini yotqizayotgan edi. Oʻchoqda olovning charsillab yonayotganligi eshitilardi. Keyin temir qoʻbizning yurakni ezuvchi ohangi yangradi. Goʻyo shamol alam bilan ingrayotganday, goʻyo bir odam dalada yigʻi aralash ashula aytib yugurayotganday, atrofdagi hamma narsalar esa nafasni ichiga yutib, sukut saqlab turganday va faqat insoniy qaygʻu-hasrat nola chekayotganday edi. Goʻyo u yugurar va oʻzining qaygʻu-alami bilan qayerga bosh urishni bilmas, bu sokin va kimsasiz yerda alamlarini aytib, koʻnglini qanday boʻshatishni bilmas, unga hech kim javob qilmasdi. U oʻzi yigʻlar, oʻzini oʻzi tinglardi. Tanaboy xotinining «Keksa ovchining qoʻshigʻi»ni aytayotganini angladi...

Men seni oʻldirdim, oʻgʻlim Qoragul,
Holimga yigʻlar kim, oʻgʻlim Qoragul.
Taqdir jazoladi, oʻgʻlim Qoragul,
Qismat oʻch oladi, oʻgʻlim Qoragul.
Ovchilik kasbiga, oʻgʻlim Qoragul,
Oʻrgatdim, oh, nega, oʻgʻlim Qoragul.
Qush-hayvon qiyratding, oʻgʻlim Qoragul,
Jonivorni otding, oʻgʻlim Qoragul?
Har tirik mavjudot, oʻgʻlim Qoragul,
Dastingdan oʻlsa nahot, oʻgʻlim Qoragul.
Yolgʻiz koldim olamda, oʻgʻlim Qoragul,
Hech bir inson shu damda, oʻgʻlim Qoragul.
Yigʻimga solmas quloq, oʻgʻlim Qoragul,
Men seni oʻldirdim, oʻgʻlim Qoragul,
Joningga qasd qildi qoʻlim, Qoragul...

...Tanaboy oʻtov oldida oʻtirib, qadimiy qirgʻiz marsiyasini tinglar, xomush turgan qop-qora togʻlar ortidan oyning sekin-asta suzib chiqayotganligini, oʻtkir qirrali qorli choʻqqilar tepasida, bir-birovlarining ustiga qalashib ketgan qoyalar tepasida uning muallaq turib qolganligini tomosha qilar edi. Shunda u marhum doʻstidan kechirim soʻrab yana iltijo qilardi.

Jaydar esa oʻtov ichida qoʻbizda hamon ulugʻ ovchi Qoragul haqidagi marsiyasini chalardi:

Men seni oʻldirdim, oʻgʻlim Qoragul,

Holimga yigʻlar kim, oʻgʻlim Qoragul.

XXIII

Tong otib qolgandi. Gulxan yonida, jon berayotgan yoʻrgʻa otning bosh tomonida oʻtirib, keksa Tanaboy keyin boʻlib oʻtgan voqealarni esladi.

Oʻsha kunlari u viloyat markaziga borganligini hech kim bilmagan edi. Bu uning oxirgi marta urinib koʻrishi edi. U tumandagi kengashda nutqini eshitgan obkom sekretarini koʻrgisi va unga oʻzining hamma qaygʻu-alamlarini soʻzlab bergisi kelardi. Bu odam uni tushunishiga va unga yordam berishiga ishonardi. Choro ham u haqda yaxshi gaplar aytgan edi, boshqalar ham uni maqtashardi. Obkomga kelgandagina bu sekretarni boshqa viloyatga ishga oʻtkazilganligini bildi u.

– Eshitmovdingizmi hali?

– Yoʻq.

– Agar ishingiz juda muhim boʻlsa, men yangi sekretarimizga aytaman, ehtimol, u sizni qabul qilar, – taklif qildi qabulxonadagi ayol.

– Yoʻq, rahmat, – rad etdi Tanaboy. – Men shunday, oʻzimcha, shaxsiy ishim bilan keluvdim. Men axir uni tanirdim, u ham meni bilardi. Boʻlmasa uni bezovta qilib oʻtirmasdim. Kechirasiz, xayr. – U dilida avvalgi sekretarni yaxshi bilganligiga, u ham buni – choʻpon Tanaboy Bakasovni shaxsan taniganligiga ishongan holda qabulxonadan chiqdi. Nega tanishmasin axir? Ular bir-birlarini tanishlari va hurmat qilishlari mumkin edi, u bundan shubhalanmasdi, shuning uchun ham shunday dedi.

Tanaboy koʻchaga chiqib, avtobus stansiyasi tomon yoʻl oldi. Pivo doʻkoni oldida ikki ishchi mashinaga pivodan boʻshagan bochkalarni ortayotgan edi.

Kuzovda turgan sherigiga bochkani gʻildiratib chiqarib berayotgan pastdagi ishchi yonidan oʻtib borayotgan Tanaboyga tasodifan koʻzi tushib qoldi-yu, aft-basharasi oʻzgarib ketdi. Bu – Bektoy edi. U mashina kuzoviga qiya qilib tirab qoʻyilgan taxta ustida bochkani ushlab turib Tanaboyga qisiq koʻzlarini adovat bilan tikkanicha, uning nima deyishini kutib turardi.

– Hey, nima boʻldi senga, uxlab qoldingmi, nima balo? – deb soʻz otdi Bektoyga, mashina ustida turgan sherigi gʻijinib.

Bochka pastga dumalab tushib borar, Bektoy esa uni ushlab, bochkaning ogʻirligidan bukchayib, Tanaboydan koʻzini uzmay qarab turardi. Lekin Tanaboy u bilan salomlashmadi. «E-e, shu yerdamiding. Shu yerda ekansan-da. Tuzuk, ishingni topibsan. Pivo korxonasiga oʻrnashibsan-da, – oʻyladi Tanaboy va toʻxtamay oʻtib ketdi. – Yigit bu yerda nobud boʻladi-yu! – oʻyladi u keyinchalik qadamini sekinlatib. – Yaxshi odam boʻlishi mumkin edi, yo gaplashib koʻrsammikin?» – orqasiga qaytmoqchi boʻldi. Bektoyga rahmi keldi, uning hamma gunohini kechirishga tayyor edi, faqat aqlu-hushini yigʻib olsa bas. Ammo bunday qilmadi. Agar Bektoy uning partiyadan oʻchirilganligini bilsa, suhbatdan foyda boʻlmasligini tushundi. Tanaboy bu tili zahar yigit oldida oʻzini, oʻz taqdirini, oʻzi hamon sodiq boʻlgan ishini xor qilishni istamasdi. Indamay, shu boʻyicha ketdi.

Shahardan yoʻlovchi mashinada qaytdi va yoʻl boʻyi Bektoy haqida oʻylab bordi. Dumalab tushayotgan bochkaning ogʻirligi ostida uning bukchayib turganligi, nimanidir kutib Tanaboyga tikilib qaraganligi uning koʻz oʻngidan ketmadi.

Keyinchalik Bektoyni sud qilishganida Tanaboy faqat Bektoyning otarni tashlab ketganligini aytdi, xolos. Boshqa hech narsa demadi. U Bektoyning pirovardida oʻz xatosini tushunib yetishini va tavbasiga tayanishini juda xohlardi. Lekin u tavba qilishni xayoliga ham keltirmaydiganga oʻxshardi.

– Qamoq muddatingni oʻtagach, mening oldimga kel, – dedi Tanaboy Bektoyga, – keyin nima qilishing toʻgʻrisida maslahatlasharmiz. – U hech narsa demadi, hatto koʻzini ham olmadi yerdan. Tanaboy undan nari ketdi. Partiyadan chiqarilgandan keyin u oʻziga ishonqiramay qoldi, hammaning oldida oʻzini gunohkor his etardi. Negadir qoʻrqadigan, hadiksiraydigan boʻlib qoldi. U shunaqa narsalar yuz berishini umrida hech qachon xayoliga keltirmagandi. Hech kim uning yuziga solmasdi-yu, lekin baribir oʻzini odamlardan chetga olar, gap-soʻzlarga aralashmas, koʻproq sukut saqlab yurar edi.

XXIV

Yoʻrgʻa Gulsari kallasini yerga tashlab, gulxan yonida qimir etmay yotardi. U hayotni asta-sekin tark etmoqda edi. Uning boʻgʻzi xirillar, koʻzlari katta-katta ochilar va soʻnar, olovga boʻzargancha tikilib, tayoqday choʻzilgan oyoqlari qotib borar edi.

Tanaboy oʻzining yoʻrgʻasi bilan vidolashar, unga soʻnggi soʻzlarini aytardi: «Sen buyuk ot eding, Gulsari. Sen mening doʻstim eding, Gulsari. Sen oʻzing bilan birga mening eng yaxshi yillarimni olib ketyapsan. Men umrbod seni eslayman, Gulsari. Hozir ham seni tilga olayotganimning sababi shuki, sen jon beryapsan, dongdor otim Gulsari. Qachondir sen bilan u dunyoda uchrashamiz. Lekin men u yoqda sening tuyoqlaringning tapir-tupurini eshita olmayman. Axir u yoqda yoʻllar yoʻq, u yoqda yer yoʻq. Ammo men tirik ekanmanki, sen oʻlmaysan, chunki men seni eslab yuraman Gulsari. Tuyoqlaringning tapir-tupuri men uchun sevimli qoʻshiq singari jaranglaydi...»

Keksa Tanaboy shunday xayollarga botarkan, zamon yoʻrgʻaning chopishi singari tez oʻtib ketganidan, ular negadir tez qarib qolganliklaridan xafa boʻlardi. Ehtimol, Tanaboy oʻzini qari deb hisoblashiga hali ertadir ham, lekin odam keksaligidan, yoshining ulgʻayganidan emas, balki, oʻzining qariligi, zamonasi, davri oʻtib ketganligi, endi faqat bundan buyongi umrini yashab tamomlashgina qolganligini his etishdan ham qariydi.

Hozir, yoʻrgʻa jon berayotgan mana shu tunda Tanaboy oʻtgan umrini qaytadan diqqat bilan koʻz oʻngidan oʻtkazarkan, qarilikka bunchalik barvaqt taslim boʻlganidan, uni unutmagan va oʻzi Tanaboyni qidirib topib, oʻzi uning oldiga kelgan odamning maslahatiga darrov quloq solmaganidan afsuslandi.

Bu voqea uni partiyadan oʻchirganlaridan soʻng yetti yil oʻtgandan keyin yuz bergandi. Tanaboy oʻsha vaqtlarda Sarihovuz darasida kolxoz ekinzorlariga nazoratchi boʻlib ishlardi, u yerdagi qorovulxonada oʻzining kampiri Jaydar bilan birga yashardi. Qizlari oʻqishga ketishdi, keyin esa kuyovga chiqishdi. Oʻgʻli texnikumni bitirgach, tumanda ishga tayinlandi, u ham endi oilali edi.

Yoz kunlaridan birida Tanaboy daryo boʻyida oʻt oʻrib yurgandi. Pichan oʻradigan issiq va quyoshli kun edi. Dara jimjit. Chigirtkalar chirillardi. Qariyalarning oppoq keng ishtoni ustidan koʻylagini tushirib olgan Tanaboy shigʻillatib oʻrayotgan oʻtlarni bir tekis yotqizib borayotgan chalgʻi oʻroq ortidan odimlab borardi. Zavq bilan ishlardi. Sal nariroqda yengil «gazik» toʻxtaganligini, mashina ichidan ikki kishi chiqib u tomon yoʻl olganligini sezmay ham qoldi.

– Assalom alaykum, Tanaka, hormang! – degan soʻzlarni eshitdi u yon tomondan. Qayrilib boqib Ibrohimni koʻrdi. U hali ham uddaburon, ikki beti qip-qizil, semiz, qorinli edi. – Mana biz sizni oxir topdik, Tanaka, – ogʻzi qulogʻiga yetib tirjaydi Ibrohim. – Raykom sekretarining oʻzlari keldilar, sizni koʻrgilari kelibdi.

«Ha, tulki-ey! – Tanaboy beixtiyor zavqlanib oʻyladi u haqda. – Har qachon ham oʻziga issiq oʻrin topa oladi. Qara, qanday xushomad qilyapti. Eng yaxshi, oq koʻngil odamday-a. Hammaning ham koʻnglini oladi, hammaning ham tilini topadi!»

– Vaalaykum assalom, – Tanaboy ularning qoʻlini siqib koʻrishdi.

– Tanimayapsizmi, ota? – xushmuomalalik bilan soʻradi Ibrohim bilan birga kelgan oʻrtoq, uning qoʻlini baquvvat panjasidan qoʻyib yubormay.

Tanaboy javob berishga shoshilmasdi. «Qayerda koʻrgan ekanman uni?» deb oʻziga savol berardi. Uning oldida qandaydir juda tanish, shu bilan birga, nazarida juda oʻzgarib ketgan odam turardi. Yosh, sogʻlom, baquvvat, oftobda qoraygan, ochiq yuzli, qarashlari dadil, kulrang movutdan kostyum, poxol shlyapa kiygan yigit. «Shaharlik, kimdir birov», – oʻyladi Tanaboy.

– Axir bu oʻrtoq... – yordam bermoqchi boʻldi Ibrohim.

– Toʻxta, toʻxta, oʻzim aytaman, – toʻxtatdi uni Tanaboy va oʻzicha kulib dedi: – Tanidim, oʻgʻlim. Tanimay ham boʻladimi? Yana bir marta koʻrishib qoʻyaylik. Seni koʻrganimdan xursandman.

Bu Karimbekov edi. Tanaboyni partiyadan oʻchirayotganlarida raykomda uni dadil himoya qilgan komsomol sekretari edi.

– Agar tanigan boʻlsangiz, keling, bir gaplashib olaylik, Tanaka. Yuring, qirgʻoq yoqalab bir aylanib kelaylik. Siz esa chalgʻini olib, oʻrib tura turing, – taklif qildi Karimbekov Ibrohimga.

Ibrohim ustidan kamzulini yechib, bu ishni bajarishga bajonidil roziday tipirchilab qoldi:

– Albatta, jonim bilan, oʻrtoq Karimbekov.

Tanaboy va Karimbekov pichanzor boʻylab yurib ketishdi. Daryo yoqasidagi tosh ustiga oʻtirishdi.

– Ehtimol, men sizning oldingizga qanday ish bilan kelganligimni sezayotgandirsiz, Tanaka, – soʻz boshladi Karimbekov. – Koʻrib turibman, siz hamon ilgarigiday tetiksiz, pichan oʻryapsiz, demak, sogʻligingiz joyida. Shunga xursandman.

– Qulogʻim senda, oʻgʻlim, men ham sendan xursandman.

– Gap shunday, sizga ochiq-ravshan boʻlsin uchun shuni aytayki, Tanaka, hozir, oʻzingiz bilasiz, koʻp narsa oʻzgarib ketgan. Koʻp narsalar oʻnglanib ketdi. Buni mendan kam bilmaysiz.

– Bilaman. Haq gap haq-da. Kolxozimiz ishlaridan ham bilsa boʻladi. Ishlar yaxshiroq yurishib ketganday. Hatto ishonging ham kelmaydi. Yaqinda men Beshtol vodiysida boʻldim, huv oʻsha yili men naq shu joyda choʻponlik azobini tortgandim. Havasim kelib ketdi. Yangi qoʻyxona qurishibdi. Besh yuz bosh qoʻy sigʻadigan shifer tomli yaxshi qoʻyxona. Xoʻ-oʻsh, choʻponlarga uy qurishibdi. Yonida esa saroy, otxona. Avvalgisiga sira oʻxshamaydi. Qoʻylar qishlaydigan boshqa joylarda ham xuddi shu ahvol. Ovulning oʻzida ham xalq uy-joy qurib yotibdi. Qachon borsam, koʻchada yangi uy qad koʻtarganini koʻraman. Iloyim bundan buyon ham shunday boʻlsin.

– Biz ham shuning gʻamida, shuning tashvishida yuribmiz, Tanaka. Hali hammasini ham joyida deb boʻlmaydi. Ammo vaqt-soati kelib hammasini ham toʻgʻrilaymiz. Men sizning oldingizga bir ish bilan keldim. Partiyaga qayting. Ishingizni qayta koʻramiz. Siz haqda byuroda gap boʻldi. Hechdan kech yaxshi, deyishadi odamlar.

Tanaboy indamadi. Xijil boʻldi. Quvonib ham ketdi, alam ham qildi unga. Butun kechmishlarini xotirladi, alam-iztirob unga chuqur oʻrnashib qolgandi. Oʻtmishni titkilagisi, u haqda oʻylagisi kelmasdi.

– Yaxshi soʻz uchun rahmat, – minnatdorchilik bildirdi Tanaboy raykom sekretariga. – Cholni unutmaganliging uchun rahmat. – Soʻng bir oz oʻylanib ochigʻini ayta qoldi. – Endi men qarib qoldim. Partiyaga endi mendan nima foyda? Uning uchun men nima qilib bera olardim? Hech narsaga yaramayman. Davrim oʻtdi, sen xafa boʻlma. Oʻylab koʻrishga ruxsat ber.

* * *

Tanaboy ancha vaqtgacha bir qarorga kelolmadi – ertaga boraman, indinga boraman, deb ishni paysalga soldi. Vaqt esa oʻtib borardi. Dovondan oʻtish qiyin boʻlib qolgan edi unga.

Nihoyat bir safar otni egarlab yoʻlga tushdi ham, biroq yarim yoʻldan qaytib keldi. Nega? Nodonlik qilib qaytib kelganini oʻzi tushunardi. Oʻziga oʻzi: «Qariganda es-hushimni yoʻqotib, yosh bolaga oʻxshab qoldim» dedi. Bularning hammasiga aqli yetardi, lekin oʻziga kuchi yetmay qolgan edi.

U dashtda chopib borayotgan yoʻrgʻaning chang-toʻzonini koʻrdi. Gulsari ekanligini darhol bildi. Endi uni kamdan-kam koʻradi. Gulsari yozgi quruq dashtlikda oppoq iz qoldirgan edi. Tanaboy unga uzoqdan qarab turib ma’yuslana boshladi. Ilgari tuyoqlari ostidan koʻtarilgan chang-toʻzon yoʻrgʻaga hech qachon yetib ololmasdi. U qora qush singari oldinda uchib borar, orqasida dum shaklidagi uzun chang toʻzonini qoldirib ketardi. Endi boʻlsa yoʻrgʻani hadeb chang-toʻzon bulutlari qoplab olmoqda. U oldinga yorib chiqib oladi, bir lahza oʻtmay oʻzi koʻtargan quyuq chang ichida yana gʻoyib boʻladi. Yoʻq, endi u chang-toʻzondan oʻzib ketolmaydi. Demak, juda qarib qolibdi, holdan ketib taslim boʻlibdi. «Ahvoling chatoq, Gulsari», qaygʻu bilan oʻyladi Tanaboy.

Uning changda nafasi qisilayotganini, chopish qanchalik ogʻirligini, chavandozning jahl bilan uni qamchilayotganini tasavvur qildi. U koʻz oʻngida yoʻrgʻaning sarosimaga tushib qolgan koʻzlarini, uning quyuq chang tumani ichidan chiqib olishga bor kuchi bilan qanchalik urinmasin, lekin chiqa olmayotganini koʻrib turardi. Chavandoz masofaning uzoqligidan uning qichqirgan ovozini eshitmasa ham, Tanaboy: «Toʻxta, otni qattiq haydama!» deb qichqirdi va oʻz otini choptirgancha uning yoʻlini kesib chiqmoqchi boʻldi.

Biroq yetolmasdan, tezda toʻxtadi. Agar chavandoz uni tushungan boʻlsa-ku yaxshi-ya, bordi-yu tushunmagan boʻlsa-chi? «Sening ishing nima? Sendaqa buyruq beradigandan oʻrgildim. Qanday istasam, shunday ketaman. Yoʻqol bu yerdan, qari tentak!» deb javob qaytarsa-chi.

Yoʻrgʻa esa bu orada goh chang-toʻzon orasida koʻrinmay qolar, goh undan otilib chiqib, uzoqlashib borardi. Tanaboy uning orqasidan uzoq qarab turdi. Keyin otini burib orqaga qaytib ketdi. «Biz endi qaridik, yoshimizni yashadik, Gulsari. Endi biz kimga kerak boʻlamiz? Endi mening ham oldingidek kuch-quvvatim yoʻq. Oxirgi kunlarimizni kechirish qoldi, Gulsari», – derdi u...

Tanaboy bir yildan keyin yoʻrgʻani aravaga qoʻshilgan holda koʻrdi. Tanaboyning koʻngli yana buzildi. Safdan chiqib qolgan va boʻyniga kuya tushgan boʻyincha urilgan, eski aravani tortayotgan uchqur yoʻrgʻaga qarab achinar edi. Tanaboy qarashni ham istamay orqasiga oʻgirildi.

Tanaboy yoʻrgʻani yana uchratdi. Uning ustida yirtiq mayka kiyib olgan yetti yoshlardagi bola koʻcha boʻylab borardi. U yalangʻoch oyoqlari bilan otni niqtab, uni oʻzi boshqarayotganidan quvonib magʻrurlanardi. Aftidan, bolaning otga birinchi marta minishi edi, shuning uchun ham uni juda yuvosh va itoatkor boʻlib qolgan eski yoʻrgʻa Gulsariga mingizib qoʻyishgan edi.

– Bobo, menga qarang! – keksa Tanaboyga maqtanardi bola. – Men Chapayevman! Men hozir soydan oʻtaman.

– Qani-qani, oʻt-chi, men koʻrayin! – dadillantirdi uni Tanaboy.

Bola ot jilovini dadil ushlab soydan kecha boshladi. Ammo ot narigi qirgʻoqqa chiqayotganida bola oʻzini tutolmay suvga shaloplab yiqilib tushdi.

– O-yi! – deb qichqirdi u qoʻrqqanidan.

Tanaboy uni suvdan tortib oldi va otning yoniga keltirdi.

Gulsari soʻqmoq yoʻlda ogʻirligini navbat bilan dam u oyogʻiga, dam bu oyogʻiga tashlab turardi. «Otning oyogʻi ogʻriyapti, demak, ahvol chatoq» oʻyladi Tanaboy. U bolani qari yoʻrgʻaga mingizdi.

– Haydayver, endi yiqilma.

Gulsari yoʻl boʻylab sekin yurib ketdi.

Shundan soʻng oxirgi marta yoʻrgʻa yana Tanaboyning qoʻliga tushdi. U otni parvarish qilib oyoqqa turgʻizgach, oxirgi marta Aleksandrovkaga olib borgandi. Ot yoʻlda oʻldi.

Tanaboy oʻgʻli va kelini ikkinchi bola koʻrishlari munosabati bilan bordi. Ularga sovgʻa qilib bir nimta qoʻy, bir xalta kartoshka va xotini yopgan non hamda boshqa har xil yemishlarni olib kelgan edi. U Jaydarning kasalman degan bahona bilan kelmaganligining sababini keyinchalik tushundi. U hech kimga aytmagan boʻlsa-da, kelinini yoqtirmas edi. Oʻgʻli esa irodasiz, boʻshang yigit. Unga shafqatsiz, oʻktam xotin tushgan edi. Uyida oʻtiradigan bu ayol erini «gah» desa, qoʻliga qoʻnadigan qilib olgandi. Arzimagan narsa uchun kishini xafa qiladigan, haqorat qiladigan, faqat oʻzini yuqori tutib, soʻzini oʻtkazadigan odamlar boʻladi-ku, kelini ham xuddi shunday edi. Uning oʻgʻlini ishi boʻyicha yuqori lavozimga koʻtarishlari kerak ekan, ammo keyin negadir boshqasini koʻtarib, uni esa chetda qoldiribdilar. Kelini hech bir gunohsiz boʻlgan cholga tashlandi:

– Butun umring choʻponlikda, yilqichilikda oʻtar ekanu partiyaga kirishning nima hojati bor edi. Baribir oxirida haydadilar, shu vajdan oʻgʻlingga ham yoʻl yoʻq. U endi yuz yil bir lavozimda qoladi. Sizlar u yoqda togʻda oʻz uyingizdasiz, siz keksalarga bundan ortiq nima kerak! Biz boʻlsak, bu yerda sizlarning kasofatingizga qolyapmiz.

Qolgan gaplari ham shu mazmunda edi. Tanaboy kelganiga pushaymon boʻldi. Kelinini tinchlantirish maqsadida ishonchsizlik bilan dedi:

– Agar ish shunday boʻladigan boʻlsa, ehtimol men yana partiyaga kirishni soʻrarman.

– Sen partiyaga juda keraksan, ularning senga juda koʻzi uchib turibdi. Sandaqa qari-qartanglarsiz ish bitmas emish! – piqirlab kulib yubordi kelini unga javoban.

Agar u kelini boʻlmay, kimdir boshqa odam boʻlganda Tanaboy shunaqa gaplarga chidab oʻtirarmidi. Ammo yaxshimi, yomonmi, ular oʻzingniki boʻlgandan soʻng nima ham qila olarding. Keksa chol jimgina oʻtirardi, eringning yuqori lavozimga koʻtarmaganlariga sabab otasining aybdor boʻlganligi emas, balki uning oʻzi hech narsaning uddasidan chiqa olmaganligi va shunaqa xotinga duch kelganligidir, oʻz qadrini bilgan kishi boshini olib qochib qutulishi mumkin edi, gap qaytarib oʻtirmadi. Xalq: «Erni er qiladigan ham, qaro yer qiladigan ham xotin» deb bekorga aytmagan. Biroq chol oʻgʻlini yana xotini oldida beobroʻ qilishni istamadi. Mayli, ular chol aybdor deb oʻylab yuraverishsin.

Shuning uchun ham Tanaboy tezroq turib joʻnadi. Ularnikida qolishni istamadi.

«Ahmoqsan, ahmoq! – soʻkardi u endi kelinini gulxan oldida oʻtirib. – Ajabo, qayoqdan ham bu yorugʻ dunyoga kelarkin shunaqa betamizlar? Na or-nomus, na izzat-hurmat, na boshqalarga yaxshilik qilishni bilasizlar? Faqat oʻzlaringni oʻylaysizlar! Hammani ham oʻz gazlaring bilan oʻlchaysizlar. Ammo sening oʻylaganingcha boʻlmaydi. Men hali odamlarga kerakman, kerak boʻlaman...»

XXV

Subhidam. Togʻlar uyqudan bosh koʻtarib, qomatini rostlay boshladi, dasht kengayib, ravshanlasha boradi. Jarlik yoqasidagi oʻchib qolgan gulxanning qorayib qolgan choʻgʻlari sekin soʻnar edi. Uning yonida yelkasiga poʻstinini tashlab, sochlari oqarib ketgan chol turardi. Endi poʻstin bilan yoʻrgʻaning ustini yopishga hojat yoʻq edi. Gulsari narigi dunyoga – jannat otlari orasiga ketgan edi...

Tanaboy oʻlgan otga qarab turib hayratda qoldi – unga nima boʻldi! Gulsari kallasini orqaga tashlay, yonboshlab yotardi, unda yuganning chuqur botib ketgan oʻrni koʻrinib turardi. Tars-tars yorilib ketgan tuyoqlaridagi taqalari yeyilib ketgan, bukilmas oyoqlari choʻzilib yotardi. U endi yerda boshqa yura olmaydi, yoʻllarda oʻz izlarini qoldira olmaydi. Ketish kerak edi.

Tanaboy otga oxirgi marta egilib qaradi, uning sovib qolgan koʻzlarini bekitdi. Tanaboy yuganni olganicha, orqasiga qaramasdan odimlab ketdi.

U dashtlik orqali toqqa yoʻl oldi. Ketarkan chuqur oʻyga toldi. Qarib qolganligini, kuni bitib qolganligini oʻyladi. U qanotlaridan ajralib qolgan yolgʻiz qush kabi tez uchar sheriklaridan orqada qolib oʻlishni istamasdi. U parvoz qila turib oʻlishni istaydi, toki bir oshyonda oʻsib, birga yoʻl olganlar uning tepasida xayrlashuv qichqiriqlari bilan aylanib yurishsin.

«Shomansurga yozaman, – jazm qildi Tanaboy. – Xatga shunday deb yozaman: Yoʻrgʻa Gulsari esingdami? Albatta esingdadir. Men unga minib raykomga otangning partbiletini olib borgan edim. Sening oʻzing meni joʻnatgan eding. Xoʻsh, men oʻtgan kechasi Aleksandrovkadan qaytib keldim, yoʻlda mening ajoyib yoʻrgʻam oʻlib qoldi. Tun boʻyi otning yonida oʻtirib butun hayotimni oʻylab chiqdim. Xudo koʻrsatmasin-u, yoʻrgʻa Gulsari singari men ham yoʻlda oʻlib qolarman. Sen mening partiyaga qaytishimga yordamlashishing kerak, oʻgʻlim Shomansur. Mening sanoqli kunlarim qoldi. Ilgari qanday boʻlgan boʻlsam shunday boʻlishni istayman. Sening otang Choro oʻzining partbiletini raykomga olib borishni menga bekorga vasiyat qilmaganini endi tushunib turibman. Sen esa uning oʻgʻlisan va meni – keksa Tanaboy Bakasovni bilasan...»

Tanaboy yuganini yelkasidan oshirib tashlab, dasht boʻylab ketib borardi. Yuzlaridan oqib tushayotgan koʻz yoshlari soqolini hoʻl qilib yuborgandi. Lekin Tanaboy uni artmasdi. Bu – yoʻrgʻa Gulsari uchun toʻkilayotgan yoshlar edi. Koʻz yoshlari orqali yangi tongga, togʻ etagida tez uchib borayotgan tanho kulrang gʻozga boqdi. Kulrang gʻoz oʻz galasiga yetib olish uchun shoshilardi.

– Uchaver, uchaver! – shivirlardi Tanaboy. – Qanoting tolmay turib, sheriklaringga yetib ol.

Keyin xoʻrsinib dedi: – Alvido, ey Gulsari!

U ketar ekan, qulogʻiga qadimgi qirgʻiz ashulasi eshitila boshladi.

...Ona tuya bir necha kundan beri yelib-yuguradi. Bolasini chaqiradi, izlaydi. Qaydasan, qora koʻzli boʻtalogʻim? Javob ber! Yelinimdan, toʻlib ketgan yelinimdan sut oqyapti, oyoqlarimdan oqib tushyapti. Qaydasan? Javob ber. Yelinimdan, toʻlib ketgan yelinimdan sut oqyapti. Oppoq sut...