OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifChingiz Aytmatov
Asar nomiBaydamtol sohillarida (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Qirgʻiz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Chingiz Aytmatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAsil Rashidov
Hajm68KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Baydamtol sohillarida (hikoya)
Chingiz Aytmatov

I

Kutilmaganda yomgʻir quyib berdi. Bir zumda paydo boʻlgan loyqa sel chuqur jarliklarnn yuvib, keksa archalarni tag-tomiri bilan qoʻporib, yoʻlidagi toshlarni surib-supurib, daralar osha sharqirab oqardi. Dahshatli bu oqim ana shunday shiddat bilan borib, Baydamtolga qoʻshilardi.

Pishqirib, quturib oqayotgan daryo oʻzini qoʻyishga joy topolmay, dara boʻylab shovqin solardi. Qosh qorayib qolgan boʻlsa-da, ahyon-ahyonda oʻrkach-oʻrkach vahimali qora toʻlqinlarniig jon-jahdi bilan qirgʻoq tomon tashlanishini koʻrish mumkin edi. Shiddatkor toʻlqinlar kuch bilan toshlarga urilar va parcha-parcha boʻlib, yana shovullaganicha qaytib ketardi.

Yana sal oʻtmay suv bilan qoya toʻqnashib, darani gulduros ovozlar qoplab olardi. Toʻlqinlar sigʻishmayotganday bir-birining ustiga mingashardi. Goho-goho aygʻir kabi olishib, osmonga sapchishardi. Daryo tepasidagi poʻlat simga osib qoʻygan lyulkani hozir uzib ketayotganday tuyulardi. Toʻlqinlanib oqayotgan daryo tepasidagi ulkan qora qoyalar qovoqlarini solib hech narsa bilan ishi boʻlmaganday e’tiborsiz turishardi. Unchalik katta boʻlmagan hovlida it gʻingshirdi. Qorongʻi deraza ostiga oʻtirib olgan kuchuk, yelkasini yalab ketayotgan achchiq sovuq iztirobidan boʻlsa kerak, tobora qattiqroq uvillardi. Shamol uning ovozini baland daralar osha uzoq-uzoqlarga olib ketardi.

Asya uxlay olmadi. Ayniqsa, chaqmoq chaqib, goʻyo birov deraza ostiga kelib gugurt chaqqandek, bir zumda hamma yoq yorishib ketar, yomgʻir seli oqib tushayotgan oyna ortidan uvadaga oʻxshagan sur bulutlar moʻralaganda koʻziga alvasti koʻringanday, uning yuragi orqasiga tortib ketardi. Ular, hatto Asyaning koʻziga oynani chertayotgandek boʻlib tuyulardi. Asya qoʻrqqanidan qoʻlidagi ochiq kitobni koʻksiga bosdi. Vahima ichida koʻzini yumdi-da, nafas chiqarmay tashqariga sekin quloq soldi. Devorning shunday orqaginasida gidrotexnik Bektemirning oilasi yashardi. U yoqdan onda-sonda gangir-gungur gapirishgan va yoʻtalgan ovoz eshitilib turardi. Bu Bektemirning otasi keksa Asilboyning sharpasi edi. U obdon azob chekar, aftidan bugun cholning suyaklari yana qaqshab ogʻrib azob berayotganga oʻxshaydi. U kuchukni bir necha bor baqirib-chaqirib soʻkib oldi:

– Ket, yoʻqol, Boykuren, yoʻqol bu yerdan! Ovozingni oʻchir, kasofat, oʻlging kelyaptimi? Oʻchir ovozingni!

Soʻng Asilboy Asya yotgan xona eshigiga yaqinlab keldi-da, yoʻtalganicha jahl bilan gapira boshladi:

– Hali ham yotmadingmi, Asya? Chirogʻing hamon yonib turibdi, dam olsang boʻlmaydimi, qizim? Kitobni oʻqishga keyin ham vaqt topilar. YO qoʻrqyapsanmi?

– Yoʻgʻ-e, otajon! Siz tashvishlanmang, yotib oʻxlayvering, issiqroq oʻranib oling, – dedi Asya.

– Qani endi uyqu kelsa?! Yomgʻir ham jonga tegdi, yer yutgur kuchukning ovozini aytmaysanmi, dard ustiga chipqon boʻldi...

Orqadan xunob boʻlib gapirayotgan kelinining ovozi eshitildi:

– Voy xudo-ey, jimgina yota qolmadi bu chol, axir bolani uygʻotib yuborasiz-ku?! It bilan nima ishingiz bor, akillab-akillab oʻzi jimib qoladi!..

Ammo qulogʻi ogʻirlashib qolgan Asilboy bu gaplardan keyin ham tinchimadi. U toʻshaklarini qaytadan tuzatayotib yana qattiqroq gʻoʻldirab gapirdi:

– Ey xudo, oʻzing panohingda asra! Nahotki falokat yuz bersa! Baydamtolning quturib oqayotganini qarang! Lyulkani simdan uzib ketguday boʻlsami, qidirib topib boʻbsan. Xudo, muncha qahring kelmasa, voy belim, belginam sinib ketyapti!

Ertalab quyosh togʻlar orasidan tigʻ urishi bilanoq, Bektemir otni egarlab, dara tomon yoʻl oldi. U togʻdagi yirtqichlar yuradigan soʻqmoqqa qoʻyib kelingan qopqonni tungi suv oqimi olib ketmadimikan, deb u yerga ertaroq yetib borishga shoshilardi.

Yomgʻir ham tinib qoldi, ammo suvga botgan kigizdek ogʻir bulutlar yer ustida muallaq osilib turardi. Bir kechadayoq choʻqqilarni va tizma togʻlarni qoplab olgan oppoq qor koʻkish tortib erib yotgan edi. Qor uyumlari oralab daradan esayotgan achchiq izgʻirin kishi badanini junjiktirardi. Yer bagʻirlab yotgan oʻt-oʻlanlar va butalar suvga botgan boshlarini silkitib-qoqib, qaddilarini rostlayotgan edilar.

Soʻqmoq yoʻl sirpanchiq boʻlgani uchun Bektemir otini sekin yoʻrttirib borardi. U ot jilovini boʻsh qoʻyib yuborib, oʻz ishlari haqida xayol surib ketdi. Kutilmaganda ot taqqa toʻxtab qoldi, «chu-chu»lab haydasa ham oʻrnidan qoʻzgʻalmadi. «Bu nimasi boʻldi, biron narsani sezyaptimi?» – oʻyladi Bektemir va chor atrofga nazar tashladi... Soʻqmoqdan bir necha qadam narida bir odam yotar edi. Bektemir bu tasodifdan lol boʻlib, turgan joyida qotib qoldi. U odam jarlik ostida, suvning kovlab ketgan yerida yer quchoqlab yotardi. Boshida va kurtkasining yirtigʻidan koʻrinib turgan qoʻlida qotib qolgan qon izlari bor edi.

«Tirikmi yo oʻlikmi?» – Bektemir otdan tushmay ehtiyotlik bilan yaqinroq kelib: «Bu kim boʻldi ekan?» – deya qaradi:

Baydamtolda hech kim yashamaydi, bu yaqin oʻrtada qishloq ham yoʻq. Toʻgʻri, ba’zan ovchilar kelib turishadi, ularning hammasi tanish kishilar boʻlib, har gal kelganlarida ov haqida Bektemir bilan maslahatlashish uchun, albatta gidrologiya punktiga tushishadi. Bu odam esa ovchiga ham oʻxshamaydi. Yana sochini ham shaharliklarnikiga oʻxshatib oldirgan, kiyimlari yoqqa botgan, bilagida soati...

Bektemir unga sinchiklab qaradi. Bu kishining butun tun boʻyi yomgʻir ostida qolib ketgani koʻrinib turardi. Gavdasining yarmini jarlikdan oqib tushayotgan loyqa suv koʻmib yuborgan. Koʻrinishidan yosh yigitga oʻxshaydi. Kiyimining tizzasi va tirsagidan yirtilganiga qaraganda u qattiq olishgan, yuqoriga emaklab chiqishga intilgan. U hozir ham jarlik tubidan xuddi emaklab chiqayotgandek boʻlib yotibdi: oʻng qoʻli oldinga uzatilgan, barmoqlari toshni timdalab – tirmashganicha turibdi. Qaerdan va qaysi tomondan keldi ekan u? Buni aniqlash mushkul – yomgʻir izlarni yuvib ketgan.

Shu mahal yotgan odam kutilmaganda qoʻzgʻalib, sekingina ingradi.

«Xayriyat tirik ekan hali!» – sevinib ketdi Bektemir va otdan sakrab tushib, uning qoʻlini ushladi.

– Hoy oʻrtoq, menga qara!

Ammo u javob bermasdi. Bektemir mashaqqat bilan uni chalqancha yotqizdi, yoqalarini yechib, koʻkragiga qoʻlini qoʻydi. Yuragi hali urib turardi. Bektemir uning kissalarini kovlab koʻrdi, komsomol biletidan boshqa hech narsa topmadi. Biletning suvga botgan varaqlari bir-biriga yopishib, siyohlari yoyilib ketgan edi. Bektemir quyidagi uch soʻzni oʻqiy oldi, xolos: «...Aliev Nurbek... 1930...»

– Qiziq!– boshini chayqadi Bektemir. Soʻng Nurbekni egarga beozor oʻngarib olish uchun otni qulayroq joyga yetaklab keldi.

II

«Penitsillin «tugayapti, nima qilish kerak?» – Nurbekning bu yerda eshitgan birinchi soʻzi shu boʻldi. Bu soʻzlar xuddi uzoqda gapirilgandek qulogʻiga arang chalindi. Ammo bu soʻzlarni kim soʻzladi, u kimga tegishli, buni Nurbek anglamasdi. U har qancha urinsa ham koʻzini ocholmadi, majoli qurib, oʻzini allaqanday zulmat ichiga qulab tushgandek his etdi.

Keyinroq Nurbek kimdir ogʻziga suv quyayotganini sezdi. Ogʻzidan oqib tushayotgan muzdek suv uning qoʻyniga tushganda u sekin koʻzini ochdi. Bu safar u, kimdir birov boshida engashib turib:

– Qarang, Asilboy ota, koʻzini ochdi! – deganini aniq eshitayotgan edi.

Nurbek gapirayotgan kishi yo qiz bola yoki yosh juvon ekanini ovozidan bildi. Biroq shunda ham uning yuzini koʻrmasdi: koʻz oldini tumandek qorongʻilik qoplab olgan, hech narsa koʻrinmasdi. «Bu ehtimol tushim boʻlsa kerak»,– oʻyladi Nurbek. Shu payt ikkinchi bir kishi gapga aralashdi, u har holda keksaroq koʻrinardi.

– Ha, qizim, u yana hayotga qaytdi!– dedi-da, yengil tortib nafas oldi.– Sen savob ish qilding, Asya! Mana buni xudoning qudrati-yu, dorining koʻmagi deydilar!

Ular yana nimalar haqidadir pichirlashib gapirishdilar-da, soʻng chiqib ketishdi. Chol eshikni ehtiyotlik bilan yoparkan:

– Damini olsin, bechora!–dedi.

Asta-sekin bemorning koʻz oldi ravshanlasha boshladi. Nurbek unchalik katta boʻlmagan, yangi oqlangan ozoda xonaga hayron boʻlib koʻz yugurtirib chiqdi. U qanday qilib bu yerga kelib qolganini bilmasdi, lekin xonada biron madaniyatli kishi yashashini darrov sezdi. Javonlarda tartib bilan terib qoʻyilgan kitoblar, stol ustida esa allanimalar yozilgan qogʻoz taxlogʻliq turardi. Burchakdagi shkafda Nurbekka notanish boʻlgan qandaydir priborlar qoʻyilgan. Devorda alpinistlarning koʻzoynagi osigʻliq turibdi. Asta egilib deraza tomon qaragan edi, koʻzi tumbochka ustidagi oyna va koʻpchilik boʻlib oldirilgan suratga tushdi. Suratning tepasiga «Geografiya fakulteti» degan soʻzlar yozilgan. Derazadan togʻ choʻqqilari, moviy osmonning bir parchasi koʻzga tashlanib turardi. Qaerdadir yonginasida, goʻyo uyning yonboshida daryo toʻxtovsiz shovullab turardi.

– Hech narsani eslolmayman!– pichirladi Nurbek va oynaga tikilganicha qarab qoldi. Ranglari siniqib, yuzlari ichiga choʻkib ketgan, koʻpdan beri soqol-moʻyloviga ustara tegmagan, boshi bint bilan oʻrab bogʻlangag kishi karavotda yotgan boʻyicha oynadan unga tikilib qarab turardi.

– A-a! – baqirdi Nurbek. Uning yuzlari ogʻriq va dahshatdan oʻzgarib ketgan edi. Goʻyo u qandaydir jirkanch va vahshiy bir qiyofani koʻrgandek boʻldi. Nurbek qoʻli bilan yuzlarini berkitib, ingraganicha teskari oʻgirilib yotdi. Eshik ochilganda esa qoʻrquvdan choʻchib ketib, qoʻllarini yuzidan oldi. Xonaga uzun sochlarini orqasiga tugib olgan, egnida changʻichilar kostyumi va oyogʻiga qalin charmli togʻ botinkasi kiyib olgan bir qiz kirib keldi.

– Qalay, durustmisiz? – oddiy bir ohangda bemordan hol-ahvol soʻradi va qoʻlidagi choynakni stolga qoʻydi. Nurbek qip-qizarib ketdi. Yoningda qiz bola tursa-yu, yigit boʻla turib karavotda yalpayib yotsang, qiziq tuyular ekan. U turishga harakat qilib koʻrdi.

– Siz nima qilyapsiz?! Yoting, turish mumkin emas sizga!

Nurbek qizga javob bermoqchi edi, lekin ulgura olmadi, qovurgʻasi tagida qattiq sanchiq turib, kutilmaganda nafasi boʻgʻilib, yoʻtal tutib qoldi. Nurbek ikki bukilib koʻkragini changallagancha xirillab yotgan edi. Qiz qoʻrqib ketganidan nima qilishini bilmay, xonada gir aylanardi. Oxiri, kelib Nurbekning boshini tutdi. Yoʻtal toʻxtagach, yengil nafas olib, bemorning manglayini sochiq bilan arta boshladi.

– Oʻpkangiz qattiq shamollagan. Siz oʻzingizni ehtiyot qilishingiz kerak. Kechadan beri hushsiz yotibsiz. Haroratingiz ham baland. Bugun ham oʻttiz toʻqqiz.

Yoting... Bu yerda oʻzingizni oʻyingizdagidek his etavering... Men boʻlsam, radiobudkada bir necha daqiqa aylanib qolibman...

Nurbek yoʻtaldan soʻng ham oʻziga kelmadi, qizga nimani aytishni, nima deb javob qaytarishni bilmay, xijolat tortib dovdiragancha qarab turardi, xolos. Erkaklarga oʻxshash kiyinib olgan bu qiz negadir minut sayin unga yaqinroq va tanishroq boʻlib tuyular, goʻyo Nurbek uni koʻpdan beri koʻrib yurgandek edi. U qorachadan kelgan, oddiy qirgʻiz qizi edi. Uning yumaloq yuzi, chiroyli keng peshonasi togʻ shamoli va quyoshdan pishgan edi. Taranglashgan qalin lablari hozir kulib yuborayotganday, hamisha mayin tabassum bilan balqib turardi. Bularning hammasi kishida bolalarcha soddalik va ezgulik tugʻdirardi. Faqat uning koʻzlaridan jiddiylik va oʻychanlikni sezib olish mumkin edi. U unchalik katta boʻlmagan semiz va baquvvat qoʻllari bilan koʻrpani tuzatib, Nurbekning oyoqlarini yaxshilab oʻrab Qoʻydi.

– Karavot qisqaroq, yostiqni balandroq qoʻyib beraymi?

– Yoʻq, yoʻq, tashvishlanmang... Kechirasiz, singilcham, men hozir qaerda yotibman?

Qiz ajablanib, qoshlarini chimirdi.

– Bu yer gidrologiya punkti!

– Gidrologiya punkti deysizmi?

– Ha! Siz Baydamtol daryosi haqida eshitgandirsiz? Sizni Bektemir ogʻa topdi. Siz uni taniysizmi?

– Yoʻq, eslayolmayman!..

– U bizning gidrotexnigimiz.

– Bu yerda odam yashaydimi?

– Ha, yashaydi. Lekin juda ozmiz – Bektemir ogʻaning oilasi va men, xolos.

– Siz bu yerda ishlaysizmi?

– Ha, gidrologman.

– Menga qilgan yaxshiliklaringiz uchun rahmat, singlim, biroq... – Nurbek gapirolmay tutilib qoldi. Soʻngra sir boy bermay, soʻradi: – Sizning ismingiz nima?

– Asya. Sizning nomingiz – Nurbek-a, shunday emasmi? Siz Baydamtolga biron-bir muhim ish bilan kelgan boʻlsangiz kerak?

Nurbek Asyaning soʻzlariga javob bermadi. Teskari qarab boshini koʻrpaga oʻrab oldi, lekin shu zahotiyoq qoʻrpani irgʻitib tashlab, qizga hoʻmrayib qaragan holda:

– Men jinoyatchiman! – dedi. Asya qoʻlidagi choynakni sekin yerga qoʻydi.

– Siz jinoyatchi?! Qanday jinoyatchi, qanaqasiga? Demak, siz qochib kelib, togʻda berkinib yotibsizmi?!

– Ha, singlim! Siz odamni qutqardik deb oʻylarsiz... Bu toʻgʻri, mening oʻrnimda boshqa har qanday kishi boʻlganda ham umrining oxirigacha oʻzini sizdan qarzdor deb bilardi... Ammo, men dom-daraksiz yoʻqolib ketganimda, agar toshqin daryo mening suyaklarimni uzoq-uzoqlarga oqizib ketganida, men oʻzimning mana shu achchiq taqdirimdan juda xursand boʻlardim.

Asyani qoʻrquv bosgan edi, lekin u oʻzini darrov qoʻlga olib, bemorni tezroq tinchitishga harakat qildi.

– Qoʻying, tinchlaning? Siz hayajonlanmasligingiz kerak. Oʻrningizdan qoʻzgʻalmang!

– Ketmang, singlim! Sizdan oʻtinib soʻrayman, gaplarimga quloq soling! – Aftidan u Asyani oʻzining gaplarini eshitmay ketib qolishidan qoʻrqardi. – Toʻxtang, Asya, men sizga hammasini aytib beraman yashirmasdan...

III

Ilk bahor kunlaridan birida Nurbek zavod darvozasidan tashqariga chiqdi, boʻynidagi jundan toʻqilgan sharfini olib choʻntagiga soldi-da, keng yelkalarini rostlab, koʻkragini toʻldirib-toʻldirib chuqur nafas ola boshladi. U koʻrish mumkin boʻlgan hamma narsaga: koʻchalarni, zavod korpuslarini, havo va parklarni – jamiki narsaga quvonch bilan nazar tashlardi.

Nurbek boʻychan, kelishgan yigit edi, hozir ham boshini yuqori koʻtarib, lablarini qisib atrofga magʻrur boqib turishi oʻtkinchilarning koʻziga, ayniqsa, yaqqol tashlanib turardi.

U, ayniqsa, bugun bahorning yaqinlab kelayotganini yaxshi his qilayotgan edi. Havo nam va yopishqoq osmon sargʻish bulutlar bilan qoplanib, quyosh koʻrinmayotgan boʻlsa ham, asfaltlarda qorlar erib ketayotgan edi. Pastqam oʻtloqlardan esa suvlar jildirab oqib, ariqlarga borib quyilayotgan edi. Bahor darakchisi – oʻrik, uning devorlar orqali koʻchalarga yoyilib ketgan shoxlaridagi toʻlishgan kurtaklari nozik hid tarqatardi.

Nurbek trolleybusga oʻtirdi. Uning bahor haqidagi oʻy-xayollari hali tarqamagan. Yaqinlashib kelayotgan kunlar Nurbek uchun qiziqarli va alohida ahamiyatt ega. U qoʻriq yerlarda tashkil etilgan olisdagi baland togʻli sovxozlarga mexanik boʻlib boradi. Zavod partiya tashkilotining sekretari uning xarakteristikasiga: «Malakali, aqlli mexanik, shuning uchun ham zavod partiya tashkiloti unga zavod ishonchini oqlashiga toʻla ishonch bildiradi», deb yozgan edi.

Obkomning putyovkasi qoʻlida, erta-indin klubda xayrlashish marosimi oʻtkaziladi, unda qancha iliq soʻzlar, yaxshi istaklar aytiladi, muzika, tantsa, kulgi, qoʻl siqishib koʻrishish, soʻngra... soʻngra... Bularping barini, qalbiga jo qilib olgan quvonchli voqealarning hammasini ta’riflab berish Nurbekka qiyin... Bir soʻz bilan aytganda – oldinda yangi porloq hayot, yangi ish, yangi doʻstlar!..

Nurbek qoʻriq yerlarni zabt etuvchi shonli yoshlarimizning biri boʻlib tayinlanadi. U yerda, asrlar boʻyi odamzod qadami yetmagan togʻ bagʻirlarida ekinlar boshoqlaydi, yoʻllar yotqiziladi va shunda xalq: «Bu bizning ovulimiz, bizning maktabimiz, bizning ustaxonamiz...» deb faxr bilan tilga oladi. Nurbek bu haqda oʻylar ekan, uning qoʻllari kuchga toʻlib, hoziroq ishni boshlashga oshiqardi.

IV

Bahor toqqa juda kechikib keldi. Shudgordan tashqari, sovxozda ishlar boshdan oshib yotgan edi. Texnikaga yoqilgʻi keltirish, remont ustaxonasini jihozlash, uy, oshxona, hammom qurish va boshqa qanchadan-qancha ishlar. Axir yangi, kimsasiz yerda hammasi ham muhim, hammasi ham kerak. Birini qildingmi, orqasidai ikkinchisi, uchinchisi chiqaveradi. Biroq, mexanizatorlar shudgor qilib, ekin ekishni muhim va asosiysi deb hisoblar edilar.

Ma’lum boʻlishicha, bu kimsasiz, yovvoyi togʻ oraliqlarini inson izmiga boʻysundirish shunchaki yengil bir ish emas ekan. Ammo mavjud qiyinchiliklar Nurbekning ruhini tushira olmadi. U avvalgiday shoshib-pishgan, qizgʻin va sergʻayratligicha qoldi. Bunga yana serzardalik, nima desa aytganini qildira oladigan kabi yangi xarakter xislatlari ham qoʻshildi. U hamma ishni oʻz qoʻli bilan bajarishni, oʻz didiga oʻtiradigan qilib ado etishni istardi. Agar, mabodo uning qoʻl ostidagi kishilardan birontasi belgilangan topshiriqni bajara olmasa, u bundaylarga boʻsh kelmasdi: «Qanaqa odamsan! – baqirib berardi u, odatdagidek, – shu oddiy ishni ham uddalay olmayapsanmi?.. Senga oʻxshaganlarni bu yerga kim yubora olishi mumkin... Qani nariroq tur, oʻzim qilaman!»

Nurbek qanday ishga kirishmasin, uni albatta, oxiriga yetkazmasdan qoʻymasdi. Aftidan Nurbeksiz umuman biron ishni bajarish mumkin emasday tuyulardi. Qachon qarama, belini mahkam bogʻlaganicha chopib yuradi. "Palatkalarni ham oʻzi buzib, buldozerlarni oʻzi boshqarib boradi, togʻlardan koʻchib tushgan qor uyumlarini kurab, ustaxonadagi stanoklarni ham oʻzi montaj qiladi...

Faqat yomgʻir uzoqqa choʻzilib, ishga chiqmay palatkalarga kirib olingan paytda uning boshiga birdan gʻamgin oʻylar kelardi. Unga shu narsa qorongʻi edi: nega u hanuzga qadar biron kishi bilan yaqindan aloqa bogʻlayolmadi, nega uning bemalol dardlasha oladigan samimiy, dilkash doʻstlari yoʻq? Ishda boʻlsa odamlar unga boʻysunadi, hech qachon aytganini ikki qilmay, izzat-hurmat qilayotganday boʻlib koʻrinadi, ish kuni tamom boʻldimi, hatto u bilan hech kim gapirishmaydi ham... Shunday paytlarda Nurbek chamadondan fotosuratlarni olib, chiroqning xira yorugʻiga tutib uzoq vaqt termilib qarardi.

Oynagul suratda ham chiroyli edi. Fotosuratdan uning sevimli atir hidi anqib turardi.

Oynagul ministrlikda sekretar boʻlib ishlardi. U yumshoq yoʻlkalardan va toʻshab qoʻyilgan gilam ustidan yurishga koʻnikib qolganidanmi yoki tugʻma goʻzallikmi, uning yengil va ohista qadam tashlab yurishlari gʻoyat latofatli edi.

Nurbek qoʻriq yerlarga ketishga qaror qilganini aytib, yonidagi putyovkasini koʻrsatganda, Oynagul Nurbek kutganidek uning boʻyniga osilmadi.

– Sen yaxshi oʻylab koʻrdingmi? – soʻradi Oynagul, peshonasini tirishtirib.

– Ha, nima edi?

– Shunday oʻzim... – dedi va sekingina qoʻshib qoʻydi:– Demak sen meni faqat soʻzdagina sevar ekansan-da... – Oynagulning qalin kipriklari yosh bilan namlanib, koʻzlari yana goʻzallik kasb etgan edi. Nurbek dovdirab qoldi, u buni kutmagan edi.

– Nima keragi bor buni, Oynaxon? Sovxozga ketsa meni esdan chiqarib yuboradi, deb oʻylamagin sen! Men u yerlarda sen bilan birga hayot kechirishimizni orzu qilaman.

Albatta, Oynagul qoʻriq yerga borish haqida tezda bir qarorga kelmagan edi. Buni Nurbek ham unga maslahat solmagan edi. Avvalo joylashib, uy olish, keyin esa turmush qurish haqida soʻz boʻlishi mumkin edi.

Nurbekni kuzatayotib, Oynagul uyga oʻzining fotosuratini taqdim etdi:

– Boraver, Nurbek, – dedi u zarda bilan lablarini choʻchchaytirib. – Bilaman, agar hayolingga biron narsa kelib qoldimi, sira ham fikringdan qaytmaysan. Agar u yer yoqmay qolsa, oʻzingni qiynab oʻtirma, qaytib kelaver, men kutaman seni... Yana zavodda gap qilishadi, deb oʻylama, buning uncha ahamiyati yoʻq... Ish hamma vaqt topiladi... Ha, aytganday, har ehtimolga qarshi, tentirab yurma, rayonda mening togʻam ishlaydi, mana uning adresi. Tortinib oʻtirma, unga murojaat qilaver, hammasiga yordamlashadi u...

Biroq ma’lum boʻlishicha, Oynagul unga adashib boshqa adresni bergan ekan. Uning togʻasi qoʻshni rayonda, janubdagi dovonda ishlar ekan. Nurbek buni keyinchalik mahalliy kishilardan soʻrab bilib oldi.

Sovxoz kundan-kunga koʻz oʻngida yuksalib, obod boʻlib bormoqda edi. Nurbek boʻlsa hamon oʻsha kunni – Oynagul bilan oʻz taqdirini birlashtiruvchi porloq kunni orziqib kutayotgan edi.

V

Toqqa bahor ancha kechikib keladi, uni orziqib kutish kerak, biroq, u oʻz husn-jamolidan nishona koʻrsatdimi –darhol yer yuzini gul va koʻkatlar sepi qoplab oladi.

Pastda, vodiyda maysalar unib chiqadi, nihollar qomatini rostlab yaproq yozib, soya tashlay boshlaydi. Oʻshanda bahor navbatni yozga berib, oʻzi esa yer betini choʻlgʻab olgan koʻk-yashil tusdagi guldor koʻylak barini koʻtarib sudraganicha togʻ sari yoʻl oladi.

Togʻ zonasining bahori oʻzgacha tabiatga, oʻzgacha goʻzallikka ega.

Ertalabdan qor yogʻadi, tushdan soʻng quyosh chiqib, qorlar erib bugʻlanadi, bir kunlik gullar gullaydi, kechga kelib esa yer selgib, ariq va jilgʻalar tun boʻyi muzlab chiqadi. Ertasiga ertalab choʻqqilardan qarasang, koʻz ilgʻamas kenglikdagi naqadar musaffo togʻ bahorinn koʻrib, qalbing quvonchlarga toʻladi. Charaqlab turgan osmon dengizida kichkinagina dogʻ ham koʻrinmasdi. Yer esa yoshgina qiz kabi yasangan – yam-yashil, shabnam bilan yuvilib, goʻyo uyalib kulib turardi... Agar qiyqirsang, ovozing uzoq vaqt jaranglab cheksiz va yuksak togʻ tizmalari boʻylab toza havoda yiroq-yiroqlarga taralib ketadi... Hech qanday qor ham, tuman ham, yomgʻir va shamol ham bahorni toʻxtata olmasdi, u yashil olov kabi alangalanib togʻdan toqqa, choʻqqidan choʻqqiga yonib oʻtib, tobora yuksalib, mangu muzliklar sari bormoqda edi.

Odamlar hamma yerda bahorgi ekishni ertaroq tugallash bilan band. Togʻli yerlarda esa bu, yanada muhim edi,–muddatdan sal kechikdingmi, ekinlar pishib yetilmay qolardi yoki tungi sovuq urib ketardi.

...Nurbek sovxozning uzoq uchastkalaridan biri – chegaradagi «Katta soyga» kechqurun yetib keldi. U mototsikldan tushmasdanoq, qiya tepalikda toʻxtab qolgan traktorni koʻrdi. Nurbek achchiqlanib tupurib, mototsiklni oʻchirdi va traktor tomon yugurib ketdi. Olisdan jahli chiqib baqirdi.

– Ey, sen traktorni nega yotqizib qoʻyding! Yana sindirdingmi?

Yosh traktorchi Juman qoʻlidagi papirosni oyoq ostiga olib tepkilab tashladi.

– Traktorning hamma yeri taxt! – oʻzini oqlamoqchi boʻlganday javob berdi u. – Biroq bu yerda haydash xavfli, ogʻa.

– Nima deyapsan? – Nurbek unga tomon tashlandi. Sal boʻlmasa mushti bilan solib yuborguday boʻlib. – Aqling joyidami seni?

– E-e... Oʻrtoq mexanik, tushunasizmi...

– Ha, aniqroq qilib gapir! Traktor qachondan beri yurmay turibdi? Senga aytyapman!

– Bir soatdan beri...

Nurbek mushti bilan havoni kesib:

– Kim ruxsat berdi senga? Kim? Qanday ahmoq?

– Traktor agʻdarilib ketadi deyapman-ku. Ishlash xavfli!

– Qayoqqa agʻdariladi? Nega mahmadonalik qilyapsan?

Buning ustiga brigadir kelib qoldi. Nurbek Trofimovning boshidan oyogʻigacha gʻazab bilan nazar tashlab oldi va afsuslanganday boshini chayqab:

– Buni sizdan hech qachon kutmagan edim! Traktorning boʻsh turganligi uchun partbyuroda javob berasiz!

Katta, keng gavdali Trofimov, odati boʻyicha dagʻal moʻylovini vazminlik bilan silab, bosh irgʻab hammasini ma’qullaganday:

– Traktorni toʻxtatishga majbur boʻldik, oʻrtoq mexanik,– bosiq ovoz bilan gapirdi u.– Kutdik, siz yoki agronom kelib qolsalaring, maslahatlashamiz deb oʻyladik... Mashinani haydashga relef imkon bermaydi. Nishablik... Qiyalikni bir koʻring-a... Traktor sirgʻalib tushib ketishi mumkin, kishilarning ham boshiga yetishimiz mumkin! Sezyapsizmi, traktorning qanday turishini!

Nurbek traktorga oʻtirib olib yon bagʻir muyushga bir qarab oldi-da, shoshqaloqlik bilan qoʻl siltab:

– Ortiqcha ehtiyotkorlik! Bu gʻildirakli traktor emas, zanjir gʻildirakli traktorlar bu qiyaliklardan yuraveradi va hech qachon agʻdarilmaydi!

– Men, xudoga shukur, togʻlarda yigirma yillar chamasi ishlayapman, Nurbek Alievich. Har xil voqealar yuz berdi! Siz boʻlsangiz hali bu yerlarga yangi kishisiz. Ishoning menga, bu yerda traktor bilan ishlash mumkin emas, juda xavfli.

Mensimaslik ham evi bilan-da! Demak bundan koʻrinadiki, Nurbek oʻz ishini eplayolmayotgan ekan-da?! Buning ustiga yana Juman brigadirning soʻzlarini ma’qullab qoʻshib qoʻydi:

– Brigadir toʻgʻri aytadi. Haqiqatan ham xavfli!

– Agar xavfli boʻlsa oʻtovda, uyda oʻtiraverish kerak edi!– Tish orasidan javob qildi Nurbek.– Qoʻriq yerga qoʻrqoqlarning keragi yoʻq! Oʻzingiz ayting-chi oʻrtoq Trofimov, partiya bizni nima uchun yubordi bu yerga? Agar biz qandaydir kichkina bir tepalikka chiqishdan qoʻrqsak, topshiriqni qanday qilib bajaramiz!

– Yoʻq, oʻrtoq mexanik,– e’tiroz bildirdi Trofimov.– Oʻzini baloga giriftor qilish emas, balki oqilona ish tutish kerak. Axir bu jiddiy ish-ku.

– Siz nimani taklif qilasiz? Qoʻl qovushtirib oʻtirishnimi?

– Nima keragi bor shunaqa soʻzlarni, oʻrtoq mexanik. Qachon biz qoʻlimizni qovushtirib oʻtiribmiz. Bu yerni haydash noqulay ekan, boʻlmasa boshqa yerga oʻtaylik.

– Maslahatingiz uchun rahmat! Demak, biz yer haydash oʻrniga, u yerdan-bu yerga koʻchib yurishimiz kerak ekan-da? Bir minut vaqt hozir qanchalik qimmat ekanligini oʻylab koʻrdilaringmi? Ikkinchi bir yerga koʻchib oʻtamiz deguncha oʻnlab gektar yerni haydab qoʻyish mumkin. Qolaversa, sizlarga yana shuni eslatib qoʻyishim kerakki, hammamizda ham plan, grafik va marshrut bor. Oʻzboshimchalik qilishga haqimiz yoʻq.

– Nega bunday ekan, oʻrtoq mexanik? Planga tuzatish kiritish mumkin emasmi? Men sizga yana eslatib aytyapmanki, bu tik tepalikda traktorda yurishni hech kim xohlamayapti. Istagan kishingizdan soʻrab koʻring! – dedi Trofimov toʻplanib turgan traktorchilarga ishora qilib. Ularning birontasi ham churq etmay turardi. Ammo qovoq osib turishlaridan mexanikning aytgan gaplarini ma’qul koʻrmayotganliklarini uqib olish mumkin edi.

– Har kimning joni oʻziga aziz,– dedi Trofimov traktorchilarning fikrini ifodalab,– bunday yonbagʻirliklarda hazillashib boʻlmaydi, oʻrtoq mexanik!

– Notoʻgʻri aytasiz! Siz boshqalarni ham qoʻrqoq qilib qoʻyibsiz. Men – sovxozning mexanigiman, qaysi mashinadan qaerda foydalanishni mening ixtiyorimga qoʻyib beraveringlar. Men aminmanki, bu yonbagʻirlikni hech qanday hadiksiramasdan haydayverish mumkin. Boʻlmagʻur gaplarga quloq solmaslik kerak! Siz – kommunistsiz, oʻrtoq Trofimov, qiyinchiliklardan qochish kerak emas, balki kurashmoq kerak.

– Qiyinchiliklar sen yashab turgan zamonga nisbatan men bosib oʻtgan davrda koʻp edi, yosh yigit! – brigadir tutaqib ketdi u Nurbek tomon yaqinlab kelarkan, oʻzini gʻazabdan arang bosib keskin burilib odimlab ketdi. Uning orqasidan boshqalar ham keta boshladi. Nurbek yolgʻiz oʻzi qoldi. Bu unga juda qattiq botib, qalbi alam va iztirobdan achishib ogʻriyotgan edi. Nurbek oʻrnidan sakrab turib, Trofimovga yetib oldi va uning yengidan ushladi:

– Men sizga darhol traktorni yurgizishni buyuraman!

Trofimov Nurbekning boshidan oyogʻigacha jimgina nazar tashlab oldi-da, keyin undan qoʻlini tortib olib, yurishda davom etdi.

...Allaqachon yarim kechadan oshib qolgan, tunamoq uchun baland togʻ qoyalari orasiga bulutlar suzib kelishmoqda, ular toʻp-toʻp boʻlib, oʻzaro uchishib, endigina uyquga bosh qoʻygan edilar. Tevarak-atrof suv sepganday jimjitlik. Uzoq-uzoqlarda traktornipg gurillagan ovozi arang eshitilardi. Brigadadagi kishilarning hammasi uyquga ketgan. Faqat Nurbek uxlagani yoʻq. Achchiq va chidab boʻlmas alam oʻtlari uning qalbini tirnab oʻrtayotgan edi. U ilondek toʻlgʻanib, sezdirmasdan xoʻrsinib, allanimalar deb gʻoʻldirardi. Ha, Trofimov uni bugun sharmanda qildi, butun xalq oʻrtasida sharmanda qildi! «Yoʻq, bunga jim turib boʻlmaydi! Nima boʻlsa ham oʻzining haq ekanligini isbotlashi kerak, faqat shundagina oʻz obroʻ-e’tiborini tiklab olishi mumkin!»

Nurbek sekin oʻrnidan turib ovoz chiqarmay palatkadan tashqariga chiqdi. U yoq, bu yoqqa qaradi, hech kimsa yoʻq. Oʻgʻrilardek engashib, u nariga chopib ketdi va jarlik soyasida gʻoyib boʻldi.

Oradan bir oz oʻtgandan soʻng, qiya tepalikda, traktorning yonida choʻntak fonari bir-ikki yonib oʻchdi va birdan tun tinchligini buzib, pulemyot otilganday «ta-ta-ta-ta!» degan ovoz eshitildi. Bu traktorning ovozi edi. Oradan sal oʻtmay, traktor bir me’yorda, soʻniq ovozda tirillay boshladi. Birdan chiroq yonib, shu bilan bir vaqtda traktor ham oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Nurbek richagni bosganicha hayajonlanib, ilgariga tikilib qarardi. Traktor tepalik boʻylab yurib ketdi.

«Ha, texnika inson qoʻl ostida, faqat uni boshqara bilish kerak, shunda u inson qoʻli qaerni koʻrsatsa oʻsha tomonga ketaveradi. Buning uchun esa botirlik, jasurlik va qat’iylik kerak! Mana buning yaqqol misoli – boshqalar jur’at qilolmagan yerdan traktorni Nurbek haydab bormoqda!», – yoʻq, traktor qulab ketmaydi! Bu behuda gap. Sizlar uchun endi qizarishga toʻgʻri keladi! – xitob qilardi Nurbek, hayajonidan titroq bosib.

Traktor haqiqatan hali tik tepalik sari yurib borayotgan edi. «Ular nimadan qoʻrqishdi? – oʻyladi Nurbek. – Toʻgʻri, hadeb bir tomonga engashib oʻtiraverish u aytganday oson gap emas ekan, ammo bu sal narsa, chidasa boʻladi!»

Oldinda yassi doʻnglik koʻrindi. Traktor radiatori bilan yuqoriga koʻtarildi, u hozir agʻdarilib kyotayotganday, biroq Nurbek traktorning yurish tezligini oshirib, bir zarb bilan bu doʻnglikni ham bosib oʻtdi. Kartaning oxiriga yetib traktorni orqaga burdi. Endi Nurbek gʻalabaga qat’iy ishonch hosil qilgan edi:

– Men sizlarga koʻrsatib qoʻyaman, kim ekanligimni!– qichqirdi u chiranib, badxohlik bilan.– Ertalabgacha bu qiya tepalikning hammasini haydab qoʻyaman, agar zarur boʻlsa, bu togʻlarning hammasini choʻqqilari bilan birga qoʻshib haydab tashlayman! Ertaga koʻrib ishonch hosil qilasan, Trofimov, qaysi birimiz haq ekanligimizga!

Nurbek ikkinchi krugni ham bosib oʻtdi. Oʻzida mislsiz kuch paydo boʻlganini his qildi, koʻz oʻngida goʻyo traktor bilan birga qoʻshilib qudratli poʻlat gavda turganday tuyuldi.

Oldinda yana tepalik koʻzga tashlandi.

– Hechqisi yoʻq! – Oʻzini tinchlantirardi Nurbek. Traktor zoʻriqib-boʻkirib yurib borayotgan edi, birdan yonboshga qarab ogʻa boshladi.

– Hechqisi yoʻq! – oʻziga dalda berardi Nurbek... Qoʻli richagda, uchinchi skorost... La’nati traktor boʻlsa, hamon ingrab-boʻkirganicha qiyshayib, ogʻib borayotgan edi. Traktorni epchillik bilan birdan yuqoriga burib olish kerak edi, aks holda u agʻdarilib ketardi! Nurbek oldinga tashlanib, oʻng tomondagi richagni kuch bilan oʻziga tortdi. Traktor zanjirli gʻildiraklari bilan tuproq ichida keskin burildi va bunday tepalikda yurishga qodir emasday tumshugʻini osmonga koʻtargancha turib qoldi. Nurbekning boshiga gup etib qon urdi: «Nima qilish kerak? Tezroq motorni oʻchir! Qani, tezroq! Motor jimib qoldi! Nima qilish kerak?»

Biroq endi kechikilgan edi. Toʻxtab qolgan traktor shu zahotiyoq gʻijirlab ovoz chiqarib, sekin-asta plugni ostiga olib ezib, orqa tomon tislanayotgan edi. U endi agʻdarila boshlay degan edi, Nurbek kabinadan sakrab tushdi. Keyingi voqealar esa ana-mana deguncha boʻlib oʻtdi. Traktor pastlikka tomon tezlashganidan-tezlashib dumalab borayotgan edi. Togʻ etagiga yetganda kuchli zarb bilan qoyaga borib urildi.

– A-a-a-a! – deb baqirib yubordi Nurbek, lekin u oʻz ovozini eshitmasdi. Traktor katta toshga borib urilishi bilan lop etib olov chaqnadi, qoya va mashinadan otilib chiqqan parchalar hushtak chalib atrofga sochilib ketdi. Yer larzaga kelib shu zahotiyoq hamma yoqni birdan zulmat qoplab oldi.

Nurbek oyoq yalang, koʻylakchang, qoʻllariga fonar koʻtarib chopib kelayotgan odamlarni koʻrdi. U goʻyo yer surilib choʻkib borayotganday bir depsinib oldi. Odamlar boʻlsa yaqin kelib qolishgan edi, qoʻrqinchli baqiriq-chaqiriq ovozlari eshitilmoqda edi.

– Nega sakradim, men? – Dahshat ichida shivirladi Nurbek, – traktor bilan birga majaqlanib ketsam boʻlmasmidi?

U qochishga joy topolmay gangib turdi-da, soʻng hovliqib, oʻqday yugurib ketdi.

Nurbek orqasiga qarashga botinolmasdi. U boshini yelkalari orasiga olib, qoʻli bilan yashirar, qoqilib ketib, gursillab yiqilib tushar va shu zahotiyoq yana oʻrnidan sakrab turib, quyon kabi gʻizillab chopardi.

«Tezroq! Tezroq yugur! Yetib qolishdi. Eshityapsanmi» «Ushla, ushla!.. Xoinni tut, mahkamroq ushla!..» degan ovoz eshitildi.

Nurbek bor kuchi bilan qochardi. Uning koʻziga hech narsa koʻrinmasdi, oʻnqir-choʻnqir demay chopib borardi. Ammo oyoq, bu la’nati oyoq xuddi balchiqqa botib qolgandek yerdan ajralmasdan bir-biriga oʻralashib, nafas olish ham ogʻirlashib, a’zoyi badani yonib achishardi. Nurbek toqat qilolmasdan koʻylak yoqalarini yirtib yubordi.

* * *

Ertalabdan ikki burgut koʻkda parvoz qilardi. Ahyon-ahyonda erinchoqlik bilan qanot qoqib qoʻyar va yana yuksaklikda aylanib yurardi. Ular chamasi tarang va egilmas qanotlarini sal-sal tebratib, havoda yengil va erkin parvoz qilib yurishgan edi.

Bu cheksiz boʻshliqqa faqat burgutlargina hukmron edi. Ular bu hokimlikka monand harakat qilganday vazmin va osoyishta uchishardi. Togʻi toshlar ham, qorlar ham, daryolar ham uning keng qanoti ostiga jo boʻlgan. Ular yer yuzida boʻlayotgan jamiki narsalarni, hatto mayda zarrachalarga qadar ravshan koʻrib turadilar.

Mana, togʻ oraligʻida allaqanday qoʻgʻirchoq kattaligidagi maxluq paydo boʻldi.

«...Odam! Qara, odam-ku!» – qagʻillab tovush berdi burgutlardan biri. «Koʻryapman, bu odam!» qisqagina javob qildi ikkinchisi.

Soylikda odam paydo boʻldi, ammo burgutlar hamon vazmin va osoyishta parvoz qilishardi. Odamning paydo boʻlishi ularni hech ham bezovtalantirmadi. Axir, u qushlarning uyasini buza olarmidi? Yoʻq, bu odam oʻz soyasidan oʻzi qoʻrqadi. U qochoq yoki boʻlmasa qandaydir yoʻldan adashgan baxtsiz bir kishi. Bu uning ishonchsizlik bilan omonat qadam tashlashidan, daydib yurishu, qoʻrquv aralash koʻz qarashlaridan aniq sezilib turardi. U tez-tez seskanib tushar, atrofga alanglab qarab, yana jim qolar edi. Bunday kishi chiqib boʻlmaydigan qoyalardagi burgut inlariga yetib borib, ular bilan yakkama-yakka kurasha olarmidi? Bu kishida maqsadga erishish uchun kuch va iroda bormikin, dadil kurashishga qodir ekanmikin! Yoʻq, burgut uyasiga qoʻl solmoq uchun u kishining oʻzi ham dovyurak burgut boʻlmogʻi kerak! Ha, gʻalaba ochiq kurashda hal boʻladi. Burgutlar yuzma-yuz olishishni yoqtirishadi. Dushman ularning uyasiga qoʻl solmoqchi boʻlib intilganda, ular dushmanga qarshi: «Toʻxta! Orqangga qayt!» deb qichqirishadi, soʻng dargʻazab boʻlib qur-qurlashib «Tayyor boʻl!» – deganday bir-birlariga xabar qilishadi-da, cheksiz balandlikdan tosh kabi quyiga otiladi. Ular shuvillagancha havo boʻshligʻini yorib oʻtib, dushman koʻkragiga changal uradi-da, uni oʻlim holatiga keltiradi. Soʻng burgutlar oʻz inlari tepasida uzoq aylanishib, goh quvonch bilan, goh gʻazab bilan, gohida esa achinish bilan ancha vaqtgacha qur-qurlashib aylanib uchib yurishadi...

Bu odam boʻlsa bunday jangni xayoliga ham keltirmasdi, u oʻz yoʻlida davom etayotgan edi.

Kun yarim boʻlganda u kishi katta dovonga yetib oldi. Uning uzoqlashib, tezda koʻzdan gʻoyib boʻlib borayotganini koʻrgan burgutlardan biri: «Odam ketdi!..» deb qur-qurlaganida, ikkinchisi ham unga «Ketdi», deb qisqagina javob qildi.

VI

Nurbek dovon tepasiga chiqib olguncha charchab holdan ketgan edi. U qalin qor kechib, balki hali hech qachon inson oyogʻi yetmagan yerlarda yurib bormoqda edi. Dovondan kuchli va muzdek shamol esardi. Mana uning tuz totmaganiga bir sutka boʻlay deb qoldi. Iloji boricha tezroq tushish kerak, balki vodiyda chorvadorlarning oʻtoviga duch kelib qolar. Dovondan butun togʻ manzarasi koʻzga yaqqol tashlanib turardi. Pastda, katta daryo oqmoqda. Biroq Nurbek u yerda inson yashaganligini koʻrsatuvchi biror belgini uchratmadi. U madorsizlanib, sekin toshga oʻtirdi-da, qoʻli bilan yuzlarini berkitdi. «Bu huvillab yotgan notanish togʻlarda odam qaerdan boʻlsin!–oʻylardi Nurbek.– Nahotki, faqat men kabi ahmoqlar yashasa!» – u boshini yana ham quyi solib koʻzlarini berkitib oldi...

Kuchli esayotgan shamoldan olov yo oʻchib qolishi, yoki yana ham alangalanib yonishi mumkin. Avvalgi qizishib yongan Nurbek hozir moyi tamom boʻlib qolgan chiroq kabi soʻnib qolgan edi. Endi u – qochoq, bir burda non haqida, oʻzini himoya qilish haqida xayol suruvchi, xilvat joy topib, oʻt yoqib jon saqlashni oʻylovchi kishi.

«...Oynagulimning togʻasi qaerda yasharkin?» «...Rayonga qachon yetib olaman? – oʻylardi Nurbek. – Aytishlariga qaraganda mana shu dovondan keyin yana ikki kunlik yoʻl. U yerga yetib borsam, ozroq boʻlsa ham, undan pul qarz olaman-da, shaharga qaytaman va Oynagul oldida, endi qoʻriq yer haqida, hatto ogʻiz ham ochmayman!» deb qasam ichaman.

Nurbek oʻrnidan turdi va pastga, daryo tomonga qarab sekin yura boshladi. Dovon tepasidan pastga tushish unchalik qiyin emasday, hammasi koʻzga tashlanib turardi. Lekin u birmuncha vaqt oʻtgandan keyin, oʻzini ustma-ust qalashib yotgan qoyalar orasida koʻrdi va koʻziga shu ulkan toshlardan boʻlak atrofda hech narsa koʻrinmasdi. Nurbekni vahima bosdi. U bu toshli qoyalardan tezroq chiqib olishga intilib, deyarli yugurib borardi. Ana-mana deguncha qorongʻilik tushib, kech kirib qolgan edi. Nurbek boshini koʻtarib qaradi, tepasida qovoq osib turgan past bulutlarni koʻrdi. U yurishini yana tezlatdi. Momaqaldiroq gulduradi, toshlarning ustiga yirik-yirik yomgʻir tomchilari shitirlab tusha boshladi. Keyin izgʻirin shamol esib, uning orqasidan kuchli doʻl yogʻib selga aylandi. Osmonni qalin bulut qoplab olib, u namlikni soʻrib olayotganday ogʻirlashib, pastga tomon yaqinlab kelgandi. Hamma yoqni zulmat qoplab olgan. Nurbek oʻzini qaerga olib qochishni bilmasdi. Qulayroq joy topib olish uchun olazarak boʻlib bezovtalanardi. Yashin esa u qaerda, qay ahvolda deganday qiziqib, yonginasidagi qoyalar ichiga yorib kirib, yeru koʻkni bir daqiqa yoritardi. Goʻyo dev qahqaha urib kulganday momaqaldiroq gumburlardi.

Nurbek butunlay oʻzini yoʻqotib qoʻydi. U qaerga borishini, nima qilishini bilmasdi. Choʻqqidan koʻchib ketgan ulkan tosh guldurab shovqin solib Nurbekning boshi uzra yumalab kelayotgan edi. Uning izidan esa yana bir qancha toshlar qoʻshilib, yoʻlda uchragan narsalarni ezib-yanchib borardi. Nurbek orqasiga tisarildi-da, pastga tomon uchib ketdi...

VII

Oradan bir necha kun oʻtgandan soʻng Nurbekning birinchi marta hovliga chiqishi edi. Biroq uning shikastlangan oyogʻi hali ham ogʻrib turardi. Nurbek oqsoqlanib yurar, yoʻtali ham hali qolganicha yoʻq.

Toʻplanishgan va kirib-chiqib yurgan kishilar Nurbekka oʻsha mash’um voqeani hech qachon eslatmaslikka ahdlashib olgandek edilar. Soʻz ochish payti kelib qolganda ham, uning oldida shu vaqtga qadar bu xususda gapirishganlarini eshitmadi. Toʻgʻri, Asya oʻz fikrini toʻgʻridan-toʻgʻri uning yuziga ayta qoldi:

– Sizning oʻrningizda men boʻlganimda, bunday qilmagan boʻlardim! Kimki mas’uliyatdan qoʻrqar ekan...– Asya aytmoqchi boʻlgan fikrini oxirigacha gapirolmadi va Nurbekka ayanchli holatda qaradi-da, chuqur nafas oldi,– Siz hammasini ochiq gapirib berdingiz, men sizning shunday qila olganingizga sira ishonmayman!..

Nurbek oʻzini bir oz tetikroq his qildi. «Asya meni toʻgʻri tushundi, – deb oʻyladi u. – Demak, men u aytganday yomon odam emas ekanman-da. U menga ishonadi. Boshqalarga ham ishonarmikan?»

Lekin bir zumdan keyin unda yana boshqacha fikr tugʻildi: «Nega ular xabar qilishib, meni tutib berishmadi? Yoki ular mening sogʻayishimni kutishayotganmikin? Mening jinoyatchi ekanligim notoʻgʻrimi, axir? Ha, men tamom boʻlgan odamman! Menga rahm-shafqat qilib turishga oʻrin yoʻq, men jazoga tortilishim kerak!..»

Oynagul haqida oʻylaganida miyasiga yana boshqa fikr keldi: «Yoʻq, men bu yerdan tezroq ketishim kerak. Bunday hayot jonimga tegdi. Oynagulning oldiga qaytib boraman, u bilan tinch va baxtli hayot kechiramiz».

Nurbek kechalari koʻz yummay, roʻy bergan voqeani kishilarga qanday tushuntirishni, oʻsha paytda motorning nega oʻchib qolganini oʻylab yotardi. Oddiy traktorlar baland togʻli yerlarda ishlay olmasligi aniq. Unda togʻli rayonlarda ishlovchi traktorlarni takomillashtirish borasida qandaydir fikrlar mavjud... Ha, endi buning nima keragi bor... U endi ishga yana qayta oladimi, kishilarning yuziga qanday qaraydi?

Har kuni ertalab Asya bilan gidrotexnik Bektemir yoʻgʻon sim arqonga oʻrnatilgan lyulkaga oʻtirib lebedkaning ikkala tomonidagi chigʻiriqni aylantirib, tros boʻylab bir zumda daryoning narigi tomoniga oʻtib olishardi. Keyin ular daryo sohili boʻylab, yuqoriga, Baydamtolning qorli havzalari tomon ketishardi. Asya u yerda oʻzining kuzatish ishlarini olib borardi. Nurbek ularni, to daryodan oʻtadigan yergacha kuzatib qoʻyib, soʻng oʻzi orqaga qaytardi. U qariyb butun kunni Asilboy bilan birga oʻtkazardi. Chol, oʻgʻli Bektemirga sira ham oʻxshamasdi. U juda ulfat, gurung qilishni yaxshi koʻradigan odam edi. Uning yoshi yetmishlarga borib qolgan boʻlsa ham, ertadan kechgacha tinim bilmasdi, qachon qaramang gʻivirlab, xoʻjalik ishlari bilan band boʻlardi. Bu novcha, qotma va bir oz bukchaygan cholning koʻzlari xuddi yosh bolalarning koʻzlarini eslatardi. Aftidan ular qandaydir yangi, ajoyib narsalar izlayotganday olamga zavq bilan boqardi.

Bugun Asilboy uning qoʻlidan ushlab oldi-da, sirli qiyofada: «Yur-chi bu yoqqa, senga bir narsani koʻrsataman», dedi. U Nurbekni uncha katta boʻlmagan tepalikka olib chiqdi. Tepalikning quyosh tushib turadigan tomoniga bir qancha yosh olma daraxtlari ekilgan. Nihollarning birida pushti gul ochilgan edi.

– Bu birinchi ochilishi! – dedi shivirlab Asilboy.– Nihollarni shahardan Asyaning oʻzi olib kelgan. Oʻshanda men hayron boʻlib, qizim, bularni nega olib kelding? Ular bu yerning sovugʻiga bardosh bera olarmidi? Bekor ovora boʻlibsan, qizim, ular bu yerda yashay olmaydi! – desam, u – siz qaerdan bilasiz, nega unday deyapsiz? Sinab koʻrish kerak, oʻrganish kerak...– dedi. Oʻshanda men rosa uyalib qolgan edim... Mana, endi koʻryapsanmi, oradan ikki yil oʻtdi... Birinchi nishona koʻrsatdi... Asya, hali buni bilmaydi. Koʻrsa bormi, quvonchdan boshi osmonga yetadi... Boʻlmasamchi, bu chakana ish emas-ku... Baydamtolga kishilar koʻchib kelganda, ularning bogʻ-rogʻlari boʻladi!..

Ertalab, quyosh togʻ tizmalaridan endigina moʻralab, uning nurlari daryo yuzidagi yengil tumanga qadalganda, Nurbek, har galgidek, Asyani daryo yoqasiga kuzatib qoʻyishga chiqdi. U Asyaning Baydamtolga yaqinlashganda har gal ham nimadandir hayajonlanishini endi aniq sezib oldi. U birdan hushyor tortib, boshini sekingina yuqori koʻtarib olib, Nurbekni ortda qoldirgancha sohil sari chopib ketardi. U daryoning qirgʻogʻida yarmi suvga botib turgan xarsang toshni yaxshi koʻrardi. U tosh oldiga gʻizillab chopib borardi-da, uning bir chekkasida turib, quyoshning dastlabki nurlarini qarshilagancha, daryo suvining oqishini havas bilan tinglardi. U odatdagidek Baydamtolning toʻlqin otib, yelib-yugurib oqishini koʻrsatib, nimanidir aytib qichqirardi. Lekin uning soʻzlari eshitilmas, tovushini daryoning shagʻillagan ovozi bosib ketardi. Ba’zan uning soʻzlari uzuq-yuluq quloqqa chalinib qolardi: «Ey-y-y! Nurbek!.. Qara... Baydamtol...»

– Nima deyapsan? Eshitilmayapti, Asya!

Qiz kaftlarini bir-biriga urib, chapak chalib kulardi.

Lekin Asya bugun oʻsha tosh tomon yugurmadi.

– Balki, sen zerikayotgandirsan, Nurbek? – dedi va toʻxtab Nurbekning koʻzlariga diqqat bilan boqdi. – Sen u kitobni oʻqib boʻlgandirsan? Butunlay sogʻayib ketganingdan keyin, biz bilan qoyaga chiqasan. Men olib borayotgan tajribalarimni senga koʻrsataman. U yerda koʻp ajoyib narsalarni koʻrish mumkin. – Asya oʻylanib turdi-da, keyin qoʻshib qoʻydi: – Bugun esa sen Gertsenning «Bыloe i dumы» degan kitobini topib oʻqi, u mening sevimli kitobim. Men kurashchilarni, yuksak maqsad sari intiluvchi, kuchli kishilarni sevaman!

– Ma’qul, Asya.

Asya yana bir nimalar demoqchi edi-yu, lekin ular daryo yoqasiga yetib qolishgandi. Nurbek uning lyulkaga chiqib olishiga yordam berdi.

– Biz tezda qaytamiz! – qichqirdi qiz. Ular daryoning narigi sohiliga oʻtib olgach, Asya Nurbekka qarab: «Uyga bor! Bu yerda turma! Shamollab qolasan!» degandek qoʻl siltadi. U uzoqlashar ekan, yoʻl-yoʻlakay yana bir necha bor toʻxtab, unga qoʻl silkib qoʻydi.

Nurbek ularning muyulishdan oʻtib, koʻzdan gʻoyib boʻlib ketgunga qadar daryo boʻyida kutib turdi. Keyin u orqasiga qaytish oʻrniga, tosh qiya boʻylab, daryo yoqasiga tushdi va suv boʻyidagi toshga borib oʻtirdi.

Baydamtol odatdagidek shovqin solib, hayqirib oqardi.

Daryoning qirgʻoq bilan tutashgan sayoz yeridagi kichik-kichik toʻlqinlar Nurbekning oyogʻiga qadar oʻrmalab kelardi. Goʻyo ular Nurbekka: «Ket, yaqinlashma!» deb aytayotgandek tuyulardi. Nurbek qoʻzgʻalmay oʻtiraverdi. Gʻazablangan toʻlqinlar uning etigiga loyqa koʻpik qoldirib borib kelardi. Nurbek kulimsirab qoʻydi.

Baydamtol daryosi tizma togʻlardan boshlanadi. U yerlar mangu qor va muzliklar bilan qoplangan. Agar inson mangu muzliklarni eritishni eplay olganda edi, Baydamtolni ham boshqara olardi. Bu hali muammoligicha qolib kelmoqda, ammo kimki bu masalani hal qilishga bel bogʻlagan ekan, u haqiqiy jasur va botir inson sanaladi.

Nurbek oʻrnidan turib, hayajonlangan boʻyicha daryoning suv yalab ketgan sayoz yeridan yurib, Baydamtolning shiddatli oqishiga nazar tashlab borardi.

Asya bu toʻgʻrida hikoya qilganda butunlay oʻzgarib ketardi. Uning osoyishta, oʻychan koʻzlari chaqnab, gʻayratga toʻlib allanimalar yorqin koʻrinayotganday tuyulardi. «Sen bir koʻz oldingga keltirib koʻr-a, Nurbek! Shunday bir vaqt keladiki, dehqonlarimiz qizib-yonib yotgan havodan rahm-shafqat soʻrab, iltijo qilib yomgʻir kutmaydilar. Daryo oqimini oʻz izmiga boʻysundirgan inson dalalarga qancha suv kerak boʻlsa, shuncha suvni yetkazib beradi».

Keksa Asilboy esa Baydamtolning kelajagi haqida gap ketganda, yoqasini ushlab hayratlanardi.

– Voy, tavba! – deya boshini chayqardi,– hozirgi yoshlarning qilayotgan ishining chegarasi yoʻq! Sen bir oʻylab koʻr, ular shunday katta ishlarga qoʻl urishyaptiki! Xudo nasib qilsa, Asyamiz aytganini qiladi. Muqaddas kishilar yoʻq deyishadi, ammo u, mening nazarimda, kishilar uchun muqaddas boʻlib qoladiganga oʻxshaydi... Qor va suvlarnn oʻz hukmiga boʻysundirmoq hazilakam ishmi! Kulganlar kulaversin, lekin men Asyaga oʻxshagan yoshlarimizning har qanday ishlarni amalga oshira olishiga ishonchim komil. Kimki xalq uchun, xalq yoʻlida xizmat qilar ekan, u har doim oʻz muddaosiga erishadi... Unga xalq koʻmakdosh boʻladi...

Nurbek osma koʻprik oldiga kelganda toʻxtab qoldi va: «Asya tezroq qaytsa edi! Vaqt muncha sekin oʻtyapti-a»,– deb xayol surib qoldi. Lekin oʻz fikridan oʻzi choʻchib ketdi. U Asya haqida koʻpdan beri oʻylayotganini eslab qoldi. «Nega?–oʻzidan-oʻzi soʻradi Nurbek. –Nahotki Asyani sevib qolgan boʻlsam? Nima, sen aqldan ozib qoldingmi, bunday boʻlishi mumkin emas! Men uning toʻgʻrisida shunchaki oʻylayapman, bu menga shunday tuyulyapti! Muhabbat bunday kelmasa kerak. Men uni juda hurmat qilaman, oʻz tugʻishgan singlim, oʻrtogʻimdek hurmat qilaman, lekin bizning oʻrtamizda sevgining boʻlishi mumkin emas... Ha, shunday! Jim boʻl, esingdan chiqar, xayolingga ham keltirma buni!»

Ammo ulkan toshning koʻchmogʻi uchun birgina kichik tosh ham sabab boʻlaveradi. Nurbek necha bor Asya toʻgʻrisida oʻylamaslikka harakat qilib koʻrdi. Lekin bundan hech narsa chiqmadi. Aksincha, qiz haqidagi xayollari qayta-qayta takrorlanaverdi. U nima qilishini bilmasdi. Nurbek behuda choʻchib tushmagan edi. «Asilboyning yoniga borib, u yoq-bu yoqdan gaplashsam, balki oʻtib ketar», – degan qarorga keldi. Lekin chol bilan uning bugungi suhbati sira yopishmadi.

– Nima boʻldi bugun senga, yoki biror narsangii yoʻqotdingmi? – deb soʻradi hayron boʻlib, Asilboy yoʻnilgan gʻoʻlachalarni bir tomonga olib qoʻyarkan, hayajonlangan Nurbekka diqqat bilan koʻz tikib.

– Yoʻq! – Nurbek poʻngʻillagancha xonaga kirib ketdi. U Gertsenning kitobini olib ikki sahifa oʻqidi, keyin uni yopib qoʻyib, derazadan toqqa tomon tikilib qoldi. «Shu topda nimanidir yoʻqotgandayman! – dedi ovoz chiqarib Nurbek. – Nima edi bu, qiziq, eslash kerak!» Shu payt:

– Asya qachon qaytarkin-a?– degan savol uning ogʻzidan beixtiyor chiqib ketdi – Bas! – Nurbek stolni mushti bilan urdi.– Uning hayoti va ishiga xalaqit berishga sening haqing yoʻq! Bunday qila koʻrma, uning tinchligini buzma.

Nurbek uydan otilib chiqib, yana daryo tomon yoʻl oldi. U suv yalab turgan oʻsha sayoz yerdagi toshga oʻtirdi va qoʻllari bilan boshini qisdi.

«Sevaman deb aytishga qanday tiling bordi! – oʻyladi Nurbek. – Asya bu kimsasiz togʻlarda xalq uchun bebaho ish qilish istagi bilan yashamoqda... Sen-chi, sen kimsan? Asya meni hech qachon sevmaydi, albatta! Uning uchun boshqa, oʻziga munosib kishilar bor!..»

Toʻlqinlar, Nurbekning oyogʻiga kelib urilgan toʻlqinlar yana «Ket, yoʻqol bu yerdan!» – deyayotganday tuyuldi.

VIII

Tun. Dara zulmatday qop-qorongʻi. Togʻlarning tepasida gʻuj-gʻuj yulduzlar chaqnamoqda, ular goʻyo atrofini kul bosgan laxcha choʻgʻ singari edi. Pastda esa tinim bilmay Baydamtol hayqirardi.

Nurbek eshikdan chiqqanda, dara boʻylab esayotgan shamol uning qalpogʻini uchirib ketdi. U qalpogʻini yerdan olib bosibroq kiyib oldi-da, osma koʻprik tomon shoshilib yurib ketdi. U koʻprik oldiga kelib, jimgina turib qoldi va oʻgirilib qaradi-da:

– Xayr, Asya! Indamasdan ketib qolganim uchun jahling chiqmasin. Shunday boʻlgani ma’qul.

Nurbek lyulkaga chiqdi.

Asilboyning aytishiga qaraganda, daryoning narigi sohiliga oʻtib olib, oqim boʻylab pastga tomon yurilsa, keyin daraga burilib dovondan oshib oʻtgach, tosh yoʻlga ikki sutkadan keyin chiqib olish mumkin boʻlarkan. U yerdan esa katta yoʻl orqali toʻgʻri shaharga borish mumkin.

Nurbek lyulkaga joylashibroq oʻtirdi va chigʻirni aylantira boshladi. Roliklar gʻijirlab lyulka oʻrnidan qoʻzgʻala boshladi. Lyulkani siljitish uncha oson emas ekan: chigʻir ikki kishiga moslashtirilgan edi. Nurbek oʻzini tezda tolib qolganday his qildi. U nafasini rostlab olib, lyulka bortidan pastga qaradi, qoʻrqqanidan koʻzlarini yumib, chigʻirning tutqichiga yana-da mahkamroq yopishib oldi. Pastda qandaydir aql bovar qilmaydigan allanarsalar koʻzga tashlanardi. Jarlik qorongʻi, past-baland qirgʻoqlarga urilib, koʻpirib, dahshat bilan guvillardi suv. Goʻyo dara tun zulmati bilan kurashayotgandek. Ular bir-birini shapir-shupur suvga bosishar, lekin ikkalasi ham bir-biriga bas kelolmayotganday tuyulardi. Nurbek pastga boshqa qaramaslikka qaror qildi va chigʻirni iloji boricha tezroq aylantirdi. Mana, u yarim yoʻlni bosib oʻtdi. Daryoning narigi sohili ravshanroq koʻrina boshladi. Nurbek juda charchab qolgan boʻlsa ham oʻziga sira dam bermasdi. Yana bir zoʻr berdi va... nimadir qarsillab ketdi. Chigʻiriq sekinlab, lyulka shu joyidayoq toʻxtab qoldi. Nurbek oʻrnidan turib, trosdan chiqib ketmadimikin degan xayol bilan roliklarni paypaslab koʻrdi, ammo hammasi joyida edi. Nurbek qoʻl fonarni yoqib chigʻirni koʻzdan kechirdi va holsizlanib oʻtirgʻichga oʻtirib qoldi.

– Nima qilish kerak? – gʻoʻldiradi u.

Keyin bilsa, tros oʻraladigan barabanning oʻqi sinib ketgan ekan. Bu chigʻirni bir tomonlama aylantirish tufayli yuz bergan ekan. Agar asbob boʻlganda edi, uni tuzatish uncha qiyin emasdi. Lekin uni qaerdan olish kerak? Lyulka quturgan daryoning qariyb qoq oʻrtasida toʻxtab qolgan. Nima qilmoq kerak? Bu turishda erta tongacha havoda laqillab oʻtirish mumkin, ammo ertalab... ertalab bu yerga Asya bilan Bektemir keladi. Bu esa uyat, sharmandalik-ku! Ularga shu ahvolda koʻringuncha oʻlgan yaxshiroq. Nima boʻlsa ham daryoning narigi qirgʻogʻiga oʻtib olish va tezroq bu yerdan yoʻqolish kerak.

Nurbek lyulkani qoldirib, yuqorigi osigʻliq trosni ushlab qirgʻoqqa oʻtishga jazm qildi. Ha, ha, xuddi shunday qilish kerak, faqat yuqori tros bilan quyi tros orasi uning boʻyidan baland boʻlmasa boʻlgani, aks holda yuqorigi trosga osilib, oyoq osti tayanchsiz qolishi mumkin.

Biroq uyat oʻlimdan qattiq!

Nurbek oʻrnidan turib, trosni ikki qoʻllab ushladi va lyulka bortidan chiqdi.

Uning qulogʻiga daryoning shagʻillagan ovozi eshitilar, ayniqsa, yuragining gupillab urishi aniq sezilib turardi. Baxtiga troslar orasi ayni maqsadga mos ekan. Faqat qoʻli tolib chiqib ketmasa boʻlgani, juda oz – toʻrt metrcha qoldi! Sim tilib ketgan kaftlari qonab, lovillab achishayotgan boʻlsa ham shoshma, sekin harakat qil!

Mana, qirgʻoq. Nurbek sakrab yerga tushdi.

– Oʻtdim! Oʻtib oldim! – xursand boʻlganidan qichqirib yubordi va yerni hidlab mehr bilan shivirladi: – Yer, yer! Endi istagan joyga bora olaman.

Nurbek bir sakrab oyoqqa turdi va katta-katta qadam tashladi. U osma koʻprikka qarab olish uchun bir zum toʻxtab, joyida dong qotib qoldi, dahshatli xayoldan nafasi ichiga tushib ketdi. Koshki hech narsa yuz bermagan boʻlsa, faqat lyulka oʻz oʻrnidan siljib, yolgʻiz choʻqqayib daryo ustida tebranib qolgan boʻlsa.

– Bu qanday boʻldi? – boʻgʻiq ovoz bilan shivirladi Nurbek va hayajon bilan qorongʻilikka tikilgancha olgʻa tashlandi. – Bu nimasi, chigʻirni sindirib ketyapmanmi? Ular meni oʻlimdan saqlab qoldi, davolashdi, men boʻlsam minnatdorchilik bildirish oʻrniga zarar keltirib qochyapman!

Nurbek yerga oʻtirdi, qoʻllari bilan boshini ushlab koʻzini yumdi. U ertaga nima boʻlishini tasavvur qilardi.

...Ertalab gidrologlar osma koʻprikka kelishadi va lyulkaning daryo oʻrtasiga borib qolganligini koʻrishadi. Demak, kechasi kimdir undan foydalanganu soʻng shu boʻyicha tashlab ketib qolgan. Biroq bu kim boʻlishi mumkin? Oʻzimiznikilarning hammasi shu yerda. Eh-ha, Nurbek qaerda?.. Tushunarli!.. Boʻlmasa-chi, uning yoʻli ham shu yoqdan... Lekin har qanday sharoitda ham ishni bir minut kechiktirish mumkin emas!l Ular qirgʻoq chigʻiri yordami bilan lyulkani tortib olishga harakat qilib koʻradilar. Lekin u oʻrnidan qimirlamaydi, chunki siljituvchi tros sinib qolgan barabanga mahkam oʻralgan. Ular arqon koʻprikning ishdan chiqqanini koʻrib qattiq xafa boʻlishadi. Buni kim qildi? Ablah, Nurbek!

– Men undan hech qachon buni kutmagan edim! – past ovoz bilan deydi Asya labini tishlab.

– Ha uying kuygur, zoti past! Nima qilib qoʻyding-a?–ogʻir xoʻrsinib oladi Asilboy.

– Men oʻldiraman bu daydi itni! – otiladi Bektemir yerdagi toshni olib.

Xoʻp, keyin-chi, keyin nima boʻladi? Asya hech qachon oʻz ishini toʻxtatmaydi. Biroq u nima ham qila olardi?

Faqat birgina yoʻl bor. Asbob topish kerak-da, trosdan yana lyulkaga qaytib borish kerak. Lekin bu aytishga oson, shuncha masofani tros boʻylab bosib oʻtib boʻlarmidi, axir u qirgʻoqdan to lyulkaga qadar oʻttiz metrdan kam emas, agar qoʻling boʻshab ketsa bormi, oʻlish hech gapmas. Baydamtol shu zahotiyoq oqizib toshlarga olib borib uradi, ha, ularning qaysi biri bunday xavfli ishga borishi mumkin? Asya! U hech narsa oldida toʻxtamaydi, u ishning bir minut ham toʻxtab qolishiga yoʻl qoʻymaydi!..

– Yoʻq, men uni halokatga itarmayman! – Nurbek oʻrnidan irgʻib turib, osma koʻprik tomon zingʻillab chopib ketdi. U hali chigʻirni sozlash uchun qanday tadbir koʻrib, qanday tuzatish kerakligi haqida aniq bir tasavvurga kelolmagan boʻlsa-da, biroq bu yerdan ketib qolish mumkin emasligini sezib turardi.

Nurbek koʻprik oldiga yugurib bordi, ogʻir nafas oldi-da, peshonasini metall ustunga bosdi. Uning miyasida faqat bir fikr hukmron edi: «Nima qilmoq kerak? Chigʻirni qanday tuzatish mumkin? Qanday? Biror kimsa na javob beradi va na aks-sado! Baydamtol, bagʻri tosh daryo, hech boʻlmasa bir ogʻiz soʻz aytsang-chi? Yoʻq, sen eshitmaysan, yovvoyi hayqirigʻing bilan quloqlaring bitib qolgan!.. Nima qilay... Axir men insonman-ku, mening ismim – Inson!.. Men buni tuzatishim, yoʻl topmogʻim kerak!»

– Topdim! – xitob qildi Nurbek. – Topdim!..

Ha, Nurbek tadbir topgan edi! U hozir tros orqali daryoning narigi tomoniga oʻtadi. U daryoning narigi tomonida yashikda asboblar turganligini koʻrgan edi. Undan kerakli asboblarni olib, beliga bogʻlashi va yana shu tros boʻylab, lyulkaga qaytib kelishi, lyulkani ta’mirlab boʻlgach, bu qirgʻoqqa qaytib kelishi kerak edi. U koʻprikning yoniga boshqa yaqinlashmaydi, yaxshisi, boshi oqqan tomonga ketadi, balki daryoning quyirogʻidan biror sayoz joy topilar... Ey, bu uncha oʻylaydigan narsa ham emas, hozir asosiy masala u emas, muhimi hozir – oʻylangan fikrni amalga oshirmoq, bosh masala – Asyaning ulkan ishiga xalal bermaslik!

– Oʻz fikrimdan qaytmayman! – dedi Nurbek qat’iy qilib va ishonchsizlik bilan qoʻshib qoʻydi: – Biroq bilolmadim uddasidan chiqa olarmikinman, bunday ogʻir ishni bajarish uchun kuch-quvvatim yetarmikin?.. Bu yerdan lyulkagacha olti-etti metr, bu yoʻlni bosib oʻtganman, hozir yana u yerdan oʻtaman, biroq lyulkadan u qirgʻoqqacha tros boʻylab oʻttiz metr yurishim kerak! Bu juda uzoq yoʻl! Juda uzoq! Xoʻsh, nima boʻpti, hammasiga tayyorman, Asya!

Nurbek ustunga chiqib yuqorigi trosni ushladi. Pastki trosni esa oyogʻi bilan paypaslab topdi. Oʻng oyogʻi bilan birinchi qadamni tashladi, kurash boshlandi.

U birinchi qadamni tashlaganda pastdagi quturib oqayotgan daryoning dahshatli shovqin-suroni unga bozor joyida dorbozlarning oʻyinida chalinadigan nogʻora va karnay-surnaylarning aralash-quralash ozozidek boʻlib tuyuldi.

Nurbek sayoq dorbozlarni yoshlik kezlaridayoq koʻrgan edi. Ular qariyb terak boʻyi balandlikda arqon ustida yurishadi. Ularga har bir daqiqada oʻlim tahdid solayotganday boʻlardi, ammo u dovyurak kishi esa koʻkka sigʻinib: «YO pirim, yo ollo!..» deb iltijo qilardi.

«Opa! – qoʻrqib ketgan Nurbek oʻshanda onasining koʻylagi bariga yashirinib.– Ketamiz, opa, bu yerdan ketamiz!» deyardi va u hatto yuragi dov bermay tomosha ham qilolmagan edi.

Endi boʻlsa, Nurbekning oʻzi dorboz. Nurbek ham dorbozchilar singari havoda oʻsha dor arqonidan yoʻgʻon boʻlmagan tros boʻylab bormoqda.

Lyulkaga yetib borganda Nurbek majolsizlanib oʻzini bortga otdi. Bir qism yoʻl bosib oʻtildi. Lekin shu kichkina gʻalaba ham qanchalik qimmatga tushdi! Trosning simidan tilinib, yulqilangan kaftlaridan qon oqar, oʻpkasi koʻkragiga sigʻmas, xuddi poygada chopaverib hansirab, kishnab ketgan otlar singari qovurgʻalari boʻrtib chiqqan edi. Oldinda esa hali uzoq, bundan koʻra yuz barobar ogʻir va uqubatli yoʻlni bosib oʻtish kerak.

«Orqangga qayt, baxti qora, hali ham kech emas, halok boʻlasan!» – dedi ichki bir ovoz unga.

– Yoʻq, men oxirigacha ahdimda turaman! – javob qaytardi ovoz chiqarib Nurbek.

U oʻrnidan turdi, kamzulining astarinn yirtib qoʻlini oʻradi. Yana kurash boshlandi.

U birinchi qadamni bosishi bilanoq childirmaning baka-bangi, karnayning uvvos tortib jar solishi eshitildi.

Biroq bu gal Nurbek avvalgiga nisbatan tezroq holdan toya boshladi. U qoʻrqqanidan pastga qaray olmasa ham, tasodifan oyogʻining ostiga koʻz qirini tashladi. Daryoning kuchli oqimi toʻxtagandek tuyuldi, uniig boshi aylanib, koʻzi tinib ketdi. Goʻyo hamma narsa – togʻlar ham, tun ham, daryo ham, hammasi ulkan suv girdobida gir aylanib, undan uzoqlashar va doira hosil qilib yana unga yaqinlashardi. Har qancha boʻlsa-da, Nurbek oʻzini tutib oldi. U boshini yuqori koʻtardi, lekin shamol uni yulib ketayotgandek boʻldi. Shamol toʻsatdan uning koʻkragidan olib, chalqancha agʻdarib tashladi. Oyogʻi trosdan sirgʻalib chiqib ketdi. Lekin u yuz mashaqqatlar bilan oyogʻini yana trosga qoʻyib oldi. Yelkasidan issiq ter oqib tusha boshladi. Nurbek bosh aylanishi qolar degan umidda koʻzlarini chirt yumib oldi, ammo, u yana koʻzini ochganda hech narsa koʻrmagandek, yana avvalgicha hamma narsa gir aylanib, koʻngli aynay boshladi, oʻzini yoʻqotayozdi. U oʻzini ajoyibotlar dunyosiga kelib qolganday his qildi. Bu yangi dunyoda u oʻz hayotini qaytadan boshlagandek edi.

Hammasi, oʻtgan va yangi yuzaga kelgan narsalarning barchasi uning koʻz oldida suzib yurar va turnaqator boʻlib tizilishib oʻtar edi. Ammo uning oʻzi toʻxtashi mumkin emas, olgʻa, faqat olgʻa intilishi kerak, aks holda halokat yuz berishi mumkin, degan yagona fikr hukmronlik qilardi. Shuning uchun u odimlay boshladi, sekin, imillab boʻlsa ham olgʻa siljiyverdi.

Achchiq ter uning yuzidan ogʻziga oqib tushardi. Qoʻliga oʻragan lattalari allaqachon titilib, kaftlari qavarib ketdi, barmoqlari uvusha boshladi, gavdasi esa haddan tashqari ogʻirlashib pastga torta boshladi. «Agar daryoga oʻzimni otsam nima boʻlarkin? – oʻyladi Nurbek. – Bari bir men oʻlgan odamman, menga bari bir emasmi». Koʻprik-chi? Uni kim tuzatadi? Demak, ertaga Asya Baydamtolning boshiga borolmaydimi? Demak, uning xalq uchun qilgan barcha mehnatlari barbod boʻladimi?»

Nurbek oʻzini oʻnglab, yana bir-ikki qadam olgʻa bosdi.

«Asya! – xayolan murojaat qildi, u qizga. – Sening jahling chiqmasin, xafa boʻlma, men munosib kishi emasman, jinoyatchiman, irodasiz qochqinman, lekin seni sevaman! Menga ishongin, xudo haqi, men seni sevaman! Ha! Hatto oʻzimdan yashirib yurganimga ham iqrorman!..»

Nurbek daryonint oʻrtasiga kelgach, boshqa siljishga majoli kelmay qoldi. Oyoq-qoʻllarining madori qurib, hushdan ozayozgan edi. Yana buning ustiga negadir pastki tros salqi boʻlib qolgandi, U pona qoqib mahkamlagan edi-ku! Balki bu odamning ogʻirligi bilan boʻshab qolgandir. Nurbek oyogʻi tagidagi trosning sekin-asta pastga tushib ketayotganini sezib seskanib ketdi, koʻkragini toʻldirib nafas olgan edi, birdan yoʻtal tutib qoldi. Yoʻtal uni yana ogʻir ahvolga solib qoʻydi. Nurbekning koʻkragi achishib ogʻriyotganidan nafas olishi ham ogʻirlashgan edi. Qonga belangan qoʻllaridan kuch ketib, oyoq ostidagi tros borgan sari pasayib ketmoqda edi. Nurbek sim ustida tebranib, u yoqdan-bu yoqqa chayqalardi.

– Ajal! Ajal! – deb gʻolib kelganday Baydamtol shovullab oqardi, goʻyo oʻz oʻljasini kutayotganday edi. Nurbekning qoʻllari endi unga itoat qilmay qoʻygan edi. Toqatsizlanib turgan Baydamtol yana:

– Ajal! Ajal! – deb gʻazab bilan oʻshqirdi.

– Suv! Bir qultum suv! – soʻradi Nurbek chanqoqdan tutoqib.

«Boshingni eg, daryodan olib ich suvni! Suv koʻp, sening chanqogʻingni qondirishga yetadi, bosh eg!» – kimdir makkorlik bilan qulogʻiga shipshitgandek boʻldi.

Nurbek oxirgi kuch bilan barmoqlarini qisdi. Shu payt u qoʻlida soatining chiqillab ishlayotganini eshitdi. Bu gʻayri tabiiy boʻlib koʻrinsa ham, haqiqatda eshitilayotgan edi. Daryoning quloqni kar qilgudek gulduragan ovozlari orasida bir me’yorda aniq, jaranglagan «tik, tik, tik,» tovushi ham ravshan eshitilib turardi. Ana shu har bir sekund urishi bilan birga hayot ham oʻtayotgan edi. Hayot! Kishi hayoti! Shu qisqa bir daqiqa ichida u hayotning nima ekanligini uqib oldi...

Zoʻr iroda kuch bilan u boshini birdan koʻtarib oldi va butun daraga qarab tantanavor qichqirdi:

– Men yashayman!

...Nurbek qirgʻoqqa chiqib olganidan soʻng, oʻzini yerga tashladi va qariyb bir soatga yaqin jonsiz kishi kabi qimirlamasdan chalqanchasiga yotdi. U iziga qaytishda asboblarni oldimi, yoʻqmi, ammo asosiy ish bitdi, Tortilib qolgan tros boʻshadi. Qirgʻoqda chigʻiriq yordamida Nurbek lyulkani joyiga olib keldi. Tongda u ishini tugatdi.

Nurbek suv boʻyiga tushib, etigi bilan suv kechdi va faqat endigina suv ichishga oʻzini haqli deb bildi.

U suvni katta-katta qultumlar bilan sekingina icharkan, bolalarcha kulib qoʻydi. Bugun u hayotida birinchi marta chinakam kurash va gʻalabaning lazzatani tushundi. Bu safar u faqat oʻzi uchun, oʻz shuhrati va qahramonligini quruq namoyish qilish uchun emas, balki katta orzular uchun, yuksak maqsad yoʻlida xizmat qilayotgan Asya uchun jasorat koʻrsatdi.

– Ha, men baxtliman! – dedi Nurbek. – Ertalab Asya Baydamtol oʻzanlari sari yoʻl oladi. Yoʻl ochiq, koʻprik tuzatilgan!..

Nurbek zavqlanganidan qumlik hoʻl qirgʻoqdan chopib ketdi. U uyga kelib, qoʻliga qalam olib bir varaq qogʻozga egri-bugri qilib yozdi:

«Asya, men qayoqdan kelgan boʻlsam, oʻsha yoqqa ketyapman. Balki biz hech qachon uchrashmasmiz, lekin men seni qanday goʻzal boʻlsang shundayligingcha umrbod qalbimda saqlayman. Jahling chiqmasin, mendan kulma, Asya, sen men uchun... Xayr, omon boʻl... Oʻzingni ehtiyot qil... Ha, sal boʻlmasa unutayozibman, men Gertsenning kitobini oʻqib ulgurolmadim, kechir, men uni oʻzim bilan birga olib ketyapman, axir bu sening sevimli kitobing, kurashchan inson haqidagi kitob-ku... Mening tasodifan sen bilan boʻlgan uchrashuvim hayotimdagi eng qiyin va eng baxtli kunlar boʻlib qoladi. Rahmat senga, Asya, barcha yaxshiliklaring uchun... Sen menga koʻp narsalarni oʻrgatding... Sen meni Baydamtol ustidan gʻalaba qilishing uchun dunyoda hammadan koʻproq tilak tilovchi doʻsting deb hisobla... Men aminman, Asya, Baydamtol zabt etiladi!..»

IX

Asilboy ertalab barvaqt turib, hovlini aylanib yurdi, otini suvning boʻyiga yetaklab keldi va uni choʻmiltirmoqchi boʻlib paqirlab suv quya boshladi. Togʻ ortidan quyosh koʻtarildi. Asilboy qoʻlini peshonasiga qoʻyib quyosh tomon astoydil tikilib qoldi. U yuzlariga sachragan ariq suvidan seskanib ketdi va qoʻlidagi paqirni tushirib yubordi. Asilboy Asyaning derazasi yoniga yugurib bordi va kuchining boricha uni taqillatdi.

– Asya, tur tezroq, u ketdi!

Hech narsani anglay olmagan Asya hovliga yugurib chiqdi:

– Nima gap, otajon?

– Qara-chi, qizim, u yoqqa! – gʻurur bilan dedi Asilboy uzoqlashib ketayotgan kishini qoʻli bilan koʻrsatib. Odam dovon tomon ketayotgan edi. – Bu Nurbek! – tushuntirdi Asilboy.

– Nurbek! Nurbek! – Bor kuchi bilan qichqirdi Asya. Aftidan, u yugurmoqchi boʻldi, lekin shu zahotiyoq toʻxtab, sezingan, beixtiyor va hayajonlangan tusda, xuddi har galgidek ertalab qoya tosh oldiga yugurib borib, Baydamtolning goʻzalligiga mahliyo boʻlib turgandek, dong qotib qoldi. – Shunday boʻlishini bilgan edim! – shivirladi Asya.

Nurbek katta qoya orasiga yashirindi. Asya u bilan faxrlanar, ayni choqda uni qoʻmsab yurak-bagʻri oʻrtanib yonayotgan edi. U koʻz yoshi qilmaslik uchun yuzini teskari burib oldi va soʻradi:

– Ota, bu yerdan sovxozgacha uzoqmi?

– Dovondan narida, anchagina yoʻl, lekin bahuzur borsa boʻladi.