OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifChingiz Aytmatov
Asar nomiBirinchi muallim (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Qirgʻiz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Chingiz Aytmatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonЗайнаб
Hajm119KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/17
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Birinchi muallim (qissa)
Chingiz Aytmatov

Bu suratni hali tamom qilganim yoʻq. Qanday chiqishini hozircha aytish qiyin. Har kuni ilk saharda turib, xomaki etyudlarimni yana ikki-uch marta koʻzdan kechirarkanman, tong sukunatida u yoq-bu yoqqa asta-asta yurib oʻyga choʻmaman. Yoʻq, hali koʻnglimdagini topganimcha yoʻq, yana tagʻin koʻp ishi bor. Bu surat hali koʻngildagi bir tilak, qalbimni hayajonga solgan orzu-umid, xolos...

Hali tamomlanmagan asar toʻgʻrisida oldindan jar solishni oʻzim ham azaldan yoqtirmasdim. Bu baxillikdan emas. Beshikdagi chaqaloqning kim boʻlib voyaga yetishini qayoqdan bilib boʻladi deysiz? Lekin bu safar oʻzingiz koʻrib turibsiz, shu odatimdan voz kechib, xom-xatala asarimni oʻrtaga tashlab, undan gap ochmoqchiman... Indamay yurishga hech ilojim yoʻq. Rostini aytsam, bir oʻzim yolgʻizlik qilib qoldim, bezovta qilib, es-hushimni oʻzimga band etgan bu voqea yuragimga sigʻmay, quchogʻim ham yetmay turibdi.

Boʻlgan voqeani aynan tasvirlab, xalqni undan bahramand qilsam, degan umidim bor. Istar edimki, koʻpchilik ham fikr-mulohazalarini oʻrtaga tashlasa... Bu asar xalq damidan chiqqan olovdek boʻlsa-yu, unga oʻz qoningizdan qon, kuchingizdan kuch qoʻshib bersangiz, shu vajdan bu voqeani sizlarga bayon etishni oʻz burchim deb bilaman...

* * *

Ovulimiz Oq-Jar togʻining etagida, katta soy sharqirab oqib turgan keng tekislikda; undan pastroqda – Qora toqqacha yastangan adir boʻylab choʻzilgan temir yoʻlning ikki tomoni qozoq dalasi...

Ovulimiz ustidagi tepalikda ikki katta terak boʻlardi; men buni bolalik chogimdanoq bilardim. Bu qoʻshterak hali ham bor. Qachon qaramang, ovulga qaysi tomondan kirmang, hammadan burun tepalikda bir-biri bilan yonma-yon turgan oʻsha baland teraklar koʻzga chalinadi.

Bilmadim, nima uchundir, bolaligimdanmi yoki kasbim rassomlik boʻlganidanmi, haytovur, har gal stansiyadan tushib, tepalikdan oʻtib, ovulimizga qarab yoʻl olganimda, qoʻshteraklar joyida turganmikin, deb sabrsizlik bilan beixtiyor shu tomonga qarayman. Teraklar naqadar katta boʻlsa ham, uzoqdan shuncha dargumonu, lekin ularning surati koʻz oldimga kelib turaverardi. Tezroq ovulga yetib, ertaroq tepalikka chiqsam, qoʻshterakka egilib salom bersam, ularning shovillashini toʻyib-toʻyib eshitsam, deb yuragim orziqardi.

Koʻcha-koʻyda nima koʻp – daraxt koʻp, lekin bu teraklar oʻzi boshqa bir olam, qandaydir xosiyatli, tili borday. Kun-tun yaproqlari dirillab, chayqalgan uchlari bir-biri bilan oʻpishib, oʻzini ming koʻyga solib shovillaydi. Goh sohilga kelib urilgan erka toʻlqinday eshitilar-eshitilmas guvillashib qoʻyadi, goh jim oʻylanib qolib, sogʻina-sogʻina yuragi qon boʻlganday, allanimalarni eslab xoʻrsinib, yulqingan shamol bulut haydab, yomgʻir haydab, butoqlarini egib yuborganda, teraklar bir-biridan madad olib: sindirib boʻpsan, deganday battar oʻjarlik qilib, zarda bilan toʻlgʻanib qoʻyishadi.

Hoʻ ancha keyin esim kirib ulgʻayganimda, men bu teraklarning sir-asroridan voqif boʻldim. Toʻrt tomoni ochiq baland tepada turishganidan, bular doimo shamol oʻqiga toʻgʻri kelib havoning har bir oʻyiniga javob qaytarib turishgan. Tinmay shovullab, ming ohangda ovoz chiqarib turishlari ham shundan.

Lekin mening bu idrok qilganlarim bolalik xayolimning ilk taassurotini sovuta olmadi. Oʻsha vaqtdagi hayajonlarim hali ham oʻz haroratini yoʻqotmadi, nazarimda, bu teraklar hali ham qandaydir bir sirni yashirgap jonli maxluqday.

Bolalik umrimniig eng shirin orzulari shu teraklar soyasida qolib ketganday, esimga tushgan sari yana qayta boshdan eslagim keladi.

Oʻqishimiz tamom boʻldi deguncha bizlar chumchuq qidirib shu yerga kelardik. Chuvullashimizga mast boʻlganday qoʻshterakning tepa shoxlaridagi yaproqlari hilpirab, bizga soya tashlardi. Oʻsha kezlarda yoriq tovon, kaftlarimiz qovjiragan biz tentaklar teraklarga mushukday tirmashib chiqa boshlaganimizda chumchuqlar chirillab qolardi. Chirillashiga qararmidik! Hadeb bir butoqdan ikkinchisiga oʻtaverib, chumchuqlar «pir» etib uchib ketgan baland butoqqa chiqqanimizda, koʻz-oldimizda namoyon boʻlgan olam manzarasini koʻrib hayratdan damimiz ichimizga tushib ketardi, tutmoqchi boʻlgan chumchuq bolalarini ham esimizdan chiqarib yuborardik. Koʻzimizga kattakon boʻlib koʻrinib yurgan kolxoz otxonasining tepadan xuddi chigirtkaday koʻringaniga, qishloqdan nari choʻzilib ketgan dalaning kattaligiga, yana undan nariroqdagi qancha-qancha qadrdon yerlar, ovulimizdagi ariqlardan boshqa tagʻin qancha-qancha kumushday tovlanib oqayotgan suvlarga suqlanib qarab, bu dunyoning cheti shumi yo undan narida ham shunday osmon, shunday bulutlar, shunday yerlar bormikin, deb xayol surib ketardik. Oʻshanda qulogʻimizga shamol ovozi chalinsa, unga joʻr boʻlib qimirlagan yaproqlar, koʻz ilgʻamas uzoq-uzoqlarda ajoyib va garoyib narsalar ham bor deganday shivirlab, betlarimizni silab erkalatardi. Yuragim duk-duk urib qinidan chiqib ketadiganday, qoʻshterakning shovullashiga astoydil quloq solardim. Koʻz oldimga ertakdagiday butun olam kelibdi-yu, lekin bir narsa esimga kelmabdi. Bu teraklarni kim oʻtqazganu qanday umid bilan oʻstirganini oʻylamabman.

Shu qoʻshterak qad koʻtarib turgan joyni ovuldagilar nima uchundir «Duyshenning maktabi» deyishardi. Birortasining moli yoʻqolib: «Hoy falonchi, gʻunajinimni koʻrdingmi»? - deb soʻrasa, toʻxtab unga: «Hoʻ, yuqoridagi «Duyshenning maktabida» yilqilar yuribdi, oʻsha yoqdan xabar olib koʻr», – deb javob berishardi. Kattalarga taqlid qilib biz ham: «Yuringlar, Duyshenning maktabiga ketdik, terakka chiqib chumchuq haydaymiz», - der edik.

Bir vaqtlar oʻsha tepada maktab bor ekan. Bizning zamonamizda bu maktabdan asar ham qolmaganu, lekin qoʻshterakli tepaning nomi xalq ogʻzidan tushgan emas. Bolalik chogʻimda bu maktab oʻrnini xoʻp qidirib ham koʻrganman. Keyinchalik: «Nimaga «Duyshenning maktabi» deyishadi, Duyshen oʻzi kim?» - deb qariyalardan surishtirsam, bu savolimga ular hech qizigʻi yoʻq, anchayin gapday qoʻl siltab javob qilishardi: «Kim boʻlardi, shu yurgan oqsoq-qoʻy Duyshen-da. Oʻsha hurriyatdan keyin hoʻ anavi tepada eski bir molxona boʻlardi. Duyshen “komsomol boʻldim”, - deb, oʻsha yerda maktab ochib, bola oʻqitgan.

Maktab qayoqda deysan, anchayin bir gap-da. U vaqtlar oʻzi qiziq zamon emasmidi, xudo koʻrsatmasin, uzangiga oyogʻi yetib, otning yolidan tutamlab olganlarning hammasi oʻziga bek, oʻziga xon boʻlib qolgandi. Har kim oʻz bilganini qilardi. Duyshen ham oʻshanda miyasiga kelganini qildi-da. Hozir u maktabdan bir parcha guvala ham qolmagan, ilgari nomi yoʻq tepa edi. Endi «Duyshenning maktabi» degan nom oldi...»

Duyshen degan kishini uncha yaxshi bilmas edim. Baland boʻyli, burgut qovoq, salobatli odamga oʻxshardi. Uning hovlisi ariqning narigi tomonida, ikkinchi brigada koʻchasida edi. Men ovulda turgan kezlarimda Duyshen kolxoz mirobi boʻlib ishlardi, egarning qoshiga katta ketmonni chirmab olib, shatakdan chiqib qolgan, oʻziga oʻxshash suyaklari koʻrinib qolgan otni minib, goh-gohda oʻtib qolardi. Keyin qariganida pochtachilikka oʻtib ketdi, deb eshitgandim. Lekin gap unda emas. Komsomol deganda men oʻsha vaqtlarda ishga ham, gapga ham epchil, yalqov-poraxoʻrlarni gazetaga yozib turuvchi ovul yigitlarining eng miqtisini tushunardim.

Rostini aytsam, soqoliga oq kirgan, qaysar otiga kuchi yetmagan haligi rosmana odamning bir zamonlar qanday qilib komsomol boʻlganini, xat-savodi boʻlmasa ham, bolalarni qanday oʻqitib, qanaqa oʻqituvchi boʻlganini oʻzimcha hech tasavvur qilolmadim.

Oʻsha vaqtlarda bu gaplar ovulda aytilgan son-sanoqsiz ertaklardan boʻlsa kerak, deb qoʻya qolgandim. Keyin bilsam, «Duyshenning maktabi» degan gapning oʻz tarixi bor ekan, buni tasodifan yaqinda bilib qoldim.

Oʻtgan kuzda kolxozdan menga bir telegramma keldi.

Ikki yildan buyon kolxozimiz oʻz kuchi bilan yangi maktab solayotgan ekan. Maktab binosi qurilib boʻlgandan keyin ovuldagilar meni maktabni ochish marosimiga chaqirishibdi. Bu quvonchli kunlarda elim bilan birga boʻlay degan niyatda darhol yoʻlga otlandim. Ovul manzaralarini suratga olish niyatida ovulga toʻy marosimidan uch-toʻrt kun ilgari joʻnab ketdim. Shahardan chaqirilganlardan akademik Sulaymonovani ham kutib oʻtirishgan ekan. Bu ayol bu yerda bir kun-yarim kun turib, keyin Moskvaga joʻnab ketadi, deyishdi. Akademik Sulaymonovaning kelishini eshitib juda suyunib ketdim. Xalqqa tanilgan bu olimaning ovulimizdan ekanligi, qiz vaqtida shaharga ketib, oʻqib, olima boʻlgani ovulda qulogʻimga chalinib yurardi. Oʻzi bilan shahardaligimda tanishib olgan edim.

Men koʻrganda Oltinoy Sulaymonova sochiga oq kirib, elliklarga borib qolgan, toʻlishgangina ayol edi. Mashhur hamqishlogʻimiz universitetda kafedra mudiri boʻlib ishlardi, falsafadan leksiya oʻqib turar, xizmat qiladigan yeri akademiya boʻlib, tez-tez chet ellarga borib-kelib turardi. Opaning bemalol oʻtirib, men bilan toʻyib suhbatlashishga vaqti boʻlmay yurardi. Lekin har gal goh majlisda, goh toʻsatdan koʻchada uchrashib qolganimizda ovuldagilarning omon-esonligini soʻrar, asarlarim toʻgʻrisida qisqacha boʻlsa ham biron fikr aytmay qoʻymasdi. Men bu kishining kamtarligiga, odamoxunligiga qoyil qolib, bir kuni oʻziga dangal aytdim:

– Opa, ovulga borib, el-yurt bilan koʻrishib kelsangiz boʻlardi. Ovuldagilarning hammasi nomingizni sirtdan tilga olib, faxrlanib yurishadi, lekin koʻpchilik sizni tanimaydi. Atoqli olima qizimiz ovulimizdan yotsiraydi, bizlarni tanigisi kelmaydi, deydiganlar ham yoʻq emas...

– Gapingiz toʻgʻri, ukam, - deb Oltinoy Sulaymonova xoʻrsinnb qoʻydi, – borishga oʻzim ham koʻpdan intizorman. Bormaganimga ham talay vaqt boʻldi. Ovulda tugʻishgan qarindoshlarim yoʻq-ku, lekin elingdan yaqin tugʻishganing boʻlarkanmi?! Albatta boraman, fursat topdim, boraman... Oʻzim ham yurtimni xoʻp sogʻinganman...

Akademik Sulaymonova oʻsha kuni kechikibroq keldi. Uning mashinasi kelib toʻxtaganda maktabning tantanali majlisini endi ochmoqchi boʻlib turishgan edi. Majlisdagilarning hammasi duv etib chiqib uni kutib olishdi, tanigan-tanimagan hamma – yoshu qari u bilan qoʻl berib koʻrishgisi kelardi. Oltinoy Sulaymonova bunchaligini kutmagan boʻlsa kerak. Koʻngli togʻday koʻtarilib, suyunib ketganidan nima qilishini bilmay, ikki bukilib odamlarga ta’zim qila-qila borib prezidiumdan oʻrin olib oʻtirdi.

Qancha-qancha tantanali majlislarda boʻlib izzat-ikrom koʻrgan Oltinoy Sulaymonova, bu safar oddiygina qishloq maktabida hamqishloqlarining ochiq chehra bilan kutib olishganini koʻrib, hayajoni zoʻr kelganidan koʻz yoshlarini tutolmay qoldi.

Majlisning oxirida pionerlar uning boʻyniga qizil galstuk taqib, qoʻliga guldasta tutqazishdi. Yangi maktabning faxriy kitobiga uning nomini birinchi qilib yozib qoʻyishdi. Oʻquvchilarning konserti va oʻyin-kulgilardan keyin, kechqurun bir toʻda muallimlar, ovul faollari bilan birga hammamiz maktab direktorining uyida mehmon boʻldik.

Mehmonda ham Oltinoy Sulaymonovaning kelganiga suyunishib, uni gilam bilan yasatilgan toʻrga oʻtqazishib, qoʻllaridan kelgancha izzat-hurmatini bajo keltirishdi. Katta dasturxon atrofida oʻtirganlar duv-duv gap bilan ovora. Qadahlar koʻtarilib, tostlar aytilayotgan edi, bir vaqt qoʻliga bir dasta gazeta-jurnal ushlagan bir yigitcha eshikdan kirib keldi-da, mezbonga oʻntacha telegramma choʻzib: “Ogʻay, qoʻl qoʻyib beringiz”, - deb iltimos qildi. Ilgarigi oʻquvchilardan kelgan tabrik telegrammalar qoʻldan-qoʻlga oʻtib, kimdir gap orasida:

– Hoy, buni Duyshen qariya olib keldimi? - deb soʻrab qoldi.

– Ha, - dedi yigit. – Majlisdagilarga oʻqib eshittirishsin, deb otini xoʻp yeldirib kelibdi-yu, kechikibroq qolgani uchun oqsoqolning koʻngli oʻrniga tushmadi.

– Nima qilib turibdi, ayt, tushsin otdan, uyga kirsin, - dedi mezbon.

Yigit chiqib ketganda yonimda oʻtirgan Oltinoy Sulaymonova bir seskanib tushdi, rangi quv oʻchib nimanidir eslaganday mendan soʻradi:

– U qaysi Duyshen, kimni aytishyapti?

– Kolxozning pochtachisi, opa, - dedim men. – Duyshen oqsoqolni tanirmidingiz?

Ha, deganday bosh irgʻab Oltinoy Sulaymonova bir narsa demoqchi boʻlib, oʻrnidan turishga harakat qilgan edi, deraza yonidan bir otliq dupurlab oʻtib ketdi, uyga kirib kelgan yigit:

– Tushing desam, u kishi unamadi, ogʻay, - dedi,– hali xat tarqatishim kerak, - deb ketib qoldi.

– Mayli, ketaversin, u cholning ham oʻziga yarasha ulfatlari bor, - dedi allakim xomush tortib.

– O, Duyshen deganni bilmas ekansizlar, u qonun-qoidani juda oʻrniga keltiradi, xizmatini bajarmasdan hech qayoqqa burilmaydi, - dedi yana bittasi.

– Toʻgʻri aytadi, juda ajoyib odam oʻzi. Urush tamom boʻlgandan keyin Ukrainada ekan, gospitaldan chiqib, oʻsha yerda turib qolibdi, kelganiga besh yilcha boʻlgan. Suyagim unib-oʻsgan ovulimda qolsin dedim, deydi. Bu dunyodan shoʻrlik toq oʻtib ketibdi...

– Bir kirib oʻtsa boʻlardi... Ha, mayli,- deb mezbon tagʻin qoʻlini siltab qoʻya qoldi.

Bir mahal toʻrda oʻtirgan ovul oqsoqollaridan biri qadah koʻtarib soʻz qotdi:

– Oʻrtoqlar, esinglarda boʻlsa kerak, bir vaqtlar «a» harfini ham bilmagan «Duyshenning maktabida» bizlar ham oʻqigan edik... – U shu gapni aytdi-yu, ham koʻngli buzilib, ham kulgisi qistab, koʻzini yumib, boshini chayqab qoʻydi.

– Voy, tavba!

– Rost, rost! - deb kulib qoʻyishdi boshqalar.

– Nimasini aytasan! Ozmuncha nagʻma koʻrsatganmi Duyshen deganing? Biz boʻlsak uni rosmana oʻqituvchi deb yuribmiz-a!

Qah-qah kulgi bosilishi bilan haligi qadah koʻtargan odam yana gapini davom ettirdi:

– Mana endi, oldimiz dongʻi chiqqan akademik boʻlib, ketimiz oliy ma’lumotli, oʻrta bilimli boʻlib oldik. Ovulimizda bugun yangi oʻrta maktab ochdik, boshqa tomonlarini aytmaganda ham, zamonamizning qanchalik oʻzgarganligi shundan koʻrinib turibdi. Qani, kelinglar, ogʻa-inilar, ovulimizning oʻgʻil-qizlari bundan buyon ham oʻqimishli boʻlib, oʻz zamonasining peshqadam kishilari qatoridan joy olishsin!

Bu gap hammaga ma’qul tushib, shov-shuv koʻtarildi. Faqat Oltinoy Sulaymonova juda xijolat tortganday, labini tishlab qizarib ketdi. U ryumkani labiga tegizdi-da, yana qaytib oʻrniga qoʻydi. Gap, kulgi bilan alahsib qolgan odamlar uning bu holatini sezganlari ham yoʻq.

– Opa deyman, bir nimadan xijolat boʻlib oʻtiribsiza?-dedim men.

– Oʻzim, shunchaki, inim, - dedi-da, Oltinoy Sulaymonova ikki-uch marta soatiga qarab qoʻydi, boshqa indamadi.

Keyin mehmonlar eshikka sayri havo qilishga chiqqanda qarasam, Oltinoy Sulaymonova bir chekkada yolgʻiz oʻzi tepalikda chayqalgan qoʻshterakka tikilib, xayol surib turgan ekan, sekin qadam bosib yoniga bordim.

Botishga taraddudlanib kuzgi dalaning chetiga chiqib olgan qip-qizil kun nurlari tepalikda turgan teraklarning choʻqqilariga bir tegib, bir tegmay mavjlanib turgan ekan.

– Shoʻrlik teraklar bargini toʻkyapti, bahorda bu teraklarni gullaganda koʻrsangiz! - dedim.

– Oʻzim ham shuni oʻylab turgan edim, - deb Oltinoy Sulaymonova boshini silkib xoʻrsinib qoʻydi.– Har bir jonivorning bahori ham, kuzi ham bor.

Uning ajin bosgan soʻlgʻin yuziga gʻamgin-oʻychan koʻlanka tushib, oʻtkir qora koʻzlari oʻksiganday boʻldi, teraklarga dard-alam bilan tikilib qarab qoldi. Shu paytda koʻpni koʻrgan bu oʻqimishli ayol, qani endi bir zamonlar oʻtib ketgan oʻn sakkiz yoshim qaytib kelsaydi, deb koʻnglidan oʻtkazgan qizil roʻmol, qirmizi yuzini eslagan qadimgi qirgʻiz ayollariga oʻxshab ketdi.

Teraklarga tikilib u yana bir narsa aytgisi keldi-yu, lekin niyatidan qaytdi shekilli, indamay turdi-da, birdan qoʻlida ushlab turgan koʻzoynagini taqib oldi.

– Moskva poyezdi bu yerdan soat oʻn birda oʻtadi shekilli? - deb soʻradi.

– Ha, opa, oʻn birda oʻtadi.

– Unday boʻlsa, hozir yoʻlga chiqishim kerak ekan.

– Nega birdan ketadigan boʻlib qoldingiz? Bir-ikki kun turaman deb va’da bergan edingiz-ku? Hali javob ham berishmas.

– Zarur ishlarim bor. Hozir ketmasam boʻlmaydi. Ovuldoshlarning hammasi yopirilib, ketmaysiz, xafa boʻlamiz, - deyishlariga qaramay, tayyor ovqatga ham turmay, Oltinoy Sulaymonova uzr soʻradi-da, oxiri yoʻlga chiqadigan boʻldi.

Kun botib, qosh qorayganda, ovuldoshlari oʻpkalaganday boʻlib uni mashinaga oʻtqazib joʻnatib yuborishdi. Men Oltinoy Sulaymonovani stansiyaga kuzatib bordim.

Oltinoy Sulaymonova nima vajdan toʻsatdan yoʻlga otlanib qoldiykin? Shunday ulugʻ ayyom kunida ovuldoshlarini ham xafa qilib qoʻydi. Yaxshi ish boʻlmadi. Ikki-uch yoʻla sababini soʻray deb ogʻiz juftladimu, lekin qattiq tegarmikin deb qoʻrqdim. Hozirgi holatida savolimga biron javob bermasligiga koʻzim yetib turgandi. Yoʻl boʻyi Oltinoy Sulaymonova bir ogʻiz ham gapirmadi, qattiq oʻyga botib, yuzidan gʻamginlik arimadi.

Stansiyaga kelib, poyezdga tushar oldida yurak yutib undan soʻradim:

– Opa, xafa koʻrinasiz, koʻnglingizga qattiq tegadigan biron gap oʻtdimi?

– Yoʻgʻ-e! Koʻnglingizga unday gap kelmasin! Kimdan xafa boʻlardim? Oʻzimdan xafa boʻlsam boʻladi. Gʻaflatda qolgan ekanman... Qaytanga mendan har qancha domongir boʻlsanglar ham kamlik qiladi.

Shu bilan Oltinoy Sulaymonova Moskvaga joʻnab ketdi. Men shaharga qaytib kelgach, dastlabki kunlarning birida oʻylamagan-kutmagan yerda Oltinoy Sulaymonovadan xat oldim. Moskvada moʻljalidan ziyodroq turib qolishidan darak bergan xatida bunday deb yozgandi:

«Qadrdon inim, shoshilinch zarur ishlarim boʻlsa ham hammasini yigʻishtirib qoʻyib, shu xatni yozmaslikka ilojim boʻlmadi. Agar shu xatda yozganlarim sizni qiziqtirsa, shu hikoyatimni xaloyiqqa yetkazish ustida oʻylab-mulohaza qilib koʻrsangiz deb iltimos qilaman. Bu faqat bizning ovuldoshlarimizga emas, hammaga, ayniqsa yoshlarga ibrat boʻlar, deb oʻylayman. Men koʻp xayol koʻchalariga kirib chiqdim, oxiri shu fikrga keldim. Bu – mening shuncha zamonlardan buyon yuragimda asrab kelgan sirim. Qancha koʻp odam bu sirdan voqif boʻlsa, oʻzimni shunchalik baxtiyor deb bilaman, vijdon azobidan shuncha koʻproq xalos boʻlaman. Meni uyatga qoʻyarmikanman deb xijolat ham boʻlmang. Hech narsani yashirmay, ochiq yozing...»

Bir necha kun shu xat ta’siri ostida yurib, oxiri qissani Oltinoy Sulaymonova tilidan hikoya qilishga qaror berdim.

* * *

... Bu voqea 1924 yili yuz bergandi. Ha, xuddi oʻsha yili...

Hozirgi kolxozimiz yerlari u vaqtlarda oʻtroq kambagʻal-jataqchilar ovuli edi. U vaqtlarda oʻn toʻrt yoshli yetim qizcha edim, amakimning qoʻlida turardim.

Oʻsha yili kuzda chorvadorlar toqqa qishlovga koʻchib ketgandan keyin ovulimizda askar shineli kiygan bir yigit paydo boʻlib qoldi. Shineli esimda qolganining vaji shuki, u negadir qora movutdan tikilgan edi. El-yurtdan ovloqdagi togʻ pinjiga kirib olgan kichkina qirgʻiz ovulida bu katta bir voqea boʻldi.

Oldin uni, oʻzi komandir ekan, ovulga ham katta boʻlib kelibdi, deyishdi, keyin bilishsa, komandir qayoqda deysiz, ocharchilik vaqtida ovuldan temir yoʻlga ketib dom-daraksiz boʻlib ketgan Tashtanbekning oʻgʻli Duyshen degan nigit ekan, uni ovulga oʻqituvchi qilib yuborishganmish, maktab ochib, bola, oʻqitar ekan, deyishdi.

«Maktab», «oʻqish» degan soʻzlar u zamonlarda endi eshitilib kelayotgan gaplar edi, ularning ma’nosiga tushunadiganlar ham kamdan-kam edi.

Bu gap rostmikin, endi nima boʻlarkin, deb turishganida bir mahal, xaloyiq ovul oʻrtasidagi tepaga yigʻilsin, degan xabar kelib qoldi.

Amakim: «Voy, tavba, bu tagʻin qanaqa majlis boʻldiykin? Boʻlar-boʻlmasga odamlarni ishdan qoldirishdan boshqani bilishmaydi», - deb javrashini qoʻymaydi-yu, keyin axiyri eldan kam yerim bor ekanmi, deganday, qirchangʻi boʻlsa hamki, otiga minib, yigʻinga joʻnab ketdi, men ham uning ketidan qoʻshni bolalarga ergashib yugurib bordim.

Biz entika-entika har gal yigʻilish boʻladigan tepalikka yetib borganimizda, u yerda bir toʻda otliq va yayov odamlar oʻrtasida haligi qora shinel' kiygan rangpar yigitcha nutq soʻzlab turgan ekan. Uning gaplarini yaxshiroq eshitish uchun yaqinroq surilib borgan edik, poʻstini yirtiq bir chol uyqudan turgan odamday, toʻsatdan tutilib-tutilib uning gapini boʻldi:

– Ey, bolam, ilgari bola oʻqitishni mullalarga chiqargan edi, sening otangni biz bilamiz. Oʻzi ham bizga oʻxshagan oyoqyalang edi. Qani ayt-chi, yigitcha, sen oʻzing qayoqdan mulla boʻlib qolding? - dedi.

Duyshen shu ondayoq javob berib:

– Otaxon, men mulla emasman, men komsomolman. Endi mullalar bola oʻqitmaydi, muallimlar oʻqitadi. Men askarlikda yurib, xat-savodli boʻlib olganman, ilgari ham oz-moz oʻqigandim. Men mana shunaqa mullaman, bildingizmi? - dedi.

– Ha, mundogʻ degin...

– Baraka top! - deb uning soʻzini ma’qullashdi.

– Ana shunaqa, komsomol meni muallimlikka tayinlab, bolalarni oʻqitasan deb yubordi. Maktab ochish uchun biron joy kerak boʻladi. Sizlar yordam bersangizlar anuv tepadagi eski otxonani tuzatib, maktab ochsak degan oʻyim bor. Qani, nima maslahat berasizlar?

Mushukday shumshayib bir koʻzini yumib egarning qoshini quchoqlab oʻtirgan Satimqul tajang tirs etib tupurib qoʻyib gap qotdi:

– E, qoʻysang-chi, oʻqishingdan bizga nima foyda bor?

Duyshen nima deyishini bilmay koʻzlari lipillab ketdi.

– Rost, toʻgʻri aytyapti, - deb boshqalar uning gapini ma’qullashdi.– Biz ketmon chopib kun koʻrib yurgan dehqonmiz, endi bolalarimiz oʻqib amaldor boʻlisharmidi? Aylanay, koʻp boshimizni qotirma!

Hamma jim qoldi. Duyshenning rangi oʻchib, ovozi titradi:

– Sizlar nima, bolalaringizning oʻqishiga qarshimisizlar? - deb oʻrtaga savol tashladi.

– Qarshi boʻlsak nima, zoʻrlik qilarmiding? Unaqa zamonlar oʻtib ketgan. Hozir erkimiz qoʻlimizda, ozodlikka chiqqanmiz! - dedi kimdir.

Duyshenning rangi boʻzday oqarib ketdi. Shinelining ilgaklarini uzib yuborayozganday, choʻntagidan toʻrt buklangan qogʻozni olib shoshilib ochdi-da, hammaga koʻrsatib turib zarda bilan gap boshladi:

– Sizlar hali bolalarni oʻqitish kerak, deb yozilgan bu qogʻozga qarshimisizlar, bunga Sovet hukumatining muhri bosilgan-a! Sizlarga yer-suv bergan, sizlarni ozodlikka chiqargan kim oʻzi, bilasizlarmi?! Qani, Sovet hukumatining qonuniga kim qarshi? Qani aytsin, kim?!

«Qani kim» deb azbaroyi baqirib aytgan gapi sukunatda yotgan kuz havosini oʻqday yorib oʻtib, aks-sadosi qoya toshlarga borib urilganday boʻldi. Hamma yoq suv quyganday jim, hamma boshini egib turardi.

– Bizlar oʻzi kimmiz, kambagʻallarmiz, - deb endi Duyshen muloyimlik bilan gap boshladi.– Bizni umr boʻyi xoʻrlab, oyoq osti qilib kelishdi, umrimiz johillikda oʻtdi. Sovet hukumati endi bizlarga koʻzi ochilsin, xat-savodi chiqsin deyapti. Buning uchun bolalarni oʻqitishimiz kerak...

Duyshen javob kutganday jim turgan edi, haligi, sen qayoqdan mulla boʻlib qolding, deb soʻragan yirtiq poʻstinlik odam insofga kelganday:

– Ha, mayli, juda bola oʻqitging kelib qolgan boʻlsa, oʻqitaver, bizga nima...- deb qoʻydi.

– Lekin sizlardan iltimosim bor, - dedi Duyshen,– menga yordam beringlar. Anuv tepadagi boydan qolgan otxonani tuzatsak deyman, koʻprik solish kerak, maktabga oʻtin kerak boʻladi...

– Shoshmay tur, hoy yigit, - deb Satimqul tajang yana tirs etib bir tupurdi-da, biron narsani nishonga olganday, koʻzlarini qisib turib gap boshladi:

– Sen, yigitcha deyman, maktab ochaman, deb muncha katta ketmasang? Ustingga kiyishga choponing yoʻq, ostingda minishga oting, bir parcha boʻlsa ham haydab qoʻygan yering, qoʻrangga bogʻlab qoʻygan bironta moling yoʻq-ku! Sen, nima, ot oʻgʻirlab kun koʻrmoqchimisan?..

– Bir kunim oʻtar. Hukumat menga moyana toʻlaydi.

– Boyadan beri qayoqda eding, shundoq demaysanmi?– Satimqul gapni oʻrinlatib, oʻzidan-oʻzi rozi boʻlganday, iljayib egar ustida bir kekkayib qoʻydi. – Gap bu yoqda ekan, bildik endi. Undogʻ boʻlsa, yigitcha, bilganingni qilib, hukumat moyanasi bilan bolalarni oʻqitaver, hukumatning xazinasida nima koʻp, pul koʻp. Bizni tinch qoʻy, oʻz tashvishimiz ham boshimizdan oshib yotibdi...

Satimqul shu gaplarni aytdi-yu, otning boshini burib joʻnab qoldi. Uning orqasidan boshqalar ham tarqab ketishdi. Duyshen qogʻozni qoʻliga ushlagancha, nima qilishini bilmay anchagacha turib qoldi...

Men Duyshenga achinib koʻzimni uzmay qarab qolgan ekanman, yonimda oʻtib borayotgan amakim jerkib:

– Ha, alvasti, sen nima qilib yuribsan bu yerda, tur. Uyga bor! - degan edi, bolalarning orqasidan chopib ketdim.– Buni qara, bu tirmizaklar ham yigʻilishga suquladigan odat chiqarishibdi-ya!

Ertasiga bir gala qizlar suvga ketayotganimizda yoʻlda Duyshenni koʻrdik. U ketmon, belkurak, bolta koʻtarib suvdan kechib oʻtib ketdi. Shu-shu har kuni azonda qora shinel' kiygan Duyshen yolgʻiz oʻzi tepalikka, egasi tashlab ketgan otxonaga chiqib, kechqurun allamahalda ovulga qaytib tushardi. Goho orqasiga kattakon bir bogʻ yantoq yoki poxol ortib chiqib ketayotganini koʻrardik. Uni uzoqdan koʻrganlar uzangiga oyoq tirab, qoʻllarini soyabon qilib:

– Hoy, anavi tepalikda poxol orqalab ketayotgan Duyshen muallim emasmi! - deb qiziqsinib gaplashib ketishardi.

– Ha, oʻsha!

– Voy, shoʻring qursin, muallimlik ham oson emas ekan-ku...

– Boʻlmasam-chi! Orqalagan yukini qara, boyning qaroli ham muncha koʻtarmaydi.

– Gapga kelganda eh-ha, juda chechan koʻrinadi!

– Qoʻlida muhr bosilgan qogʻozi bor-da, hamma gap shunda...

Bir kun adirdan tezak terib kelayotganimizda, muallim nima qilib oʻtirgan ekan deb maktab tomonga burildik. Bu saroy ilgari bir boyning otxonasi edi. Qish-qirovda qulunlagan biyalarni toychoqlari bilan shu yerda boqishardi. Sovet hokimiyati oʻrnatilgandan keyin boy qayoqqadir qochib ketdi-yu, shu bilan otxonasi boʻsh qoldi. Bu yerga hech kim oyoq bosmay qoʻyganidan atrofini oʻt, tikanak bosib ketgan edi. Endi qarasak, tikanaklar ildizi bilan sugʻurib olinib bir joyga uyib qoʻyilibdi, otxona hovlisi supurib-sidirilibdi. Yomgʻir yuvib, qulab tushgan devorlari loy bilan shuvalibdi, eshikning shalogʻi chiqib osilib qolgan halqasi bir amallab eplashtirib yana qoqib qoʻyilibdi.

Bir oz dam olmoqchi boʻlib, boʻyimiz teng tezak qoplarni yerga qoʻyib turgandik, usti boshiga loy chaplangan, yenglari shimarilgan Duyshen uydan chiqib keldi-da, bizni koʻrib, yuzidagi terlarini artib:

– Ha, yaxshi qizlar, kelinglar. Tezak terib yuribsizlarmi? - dedi.

Biz uyalganimizdan churq etmay, bir-birimizga qarab, qop tagida oʻtirgan yerimizdan, ha, deganday bosh silkib qoʻydik. Duyshen uyalganimizni sezdi-da, bizga dalda berganday jilmayib gap qotdi:

– Qoplaringiz oʻzingizdan ham katta-ya! Kelganinglar yaxshi boʻpti qizlar, bu maktabni sizlarga atab ochyapman. Maktabinglar ham taxt boʻlib qoldi. Hozirgina bir burchakka pechkaday qilib oʻchoq ham qurib qoʻydim, ana, koʻrdinglarmi, tomdan moʻrisi ham chiqib turibdi! Endi qishga oʻtin gʻamlasak boʻlgani, oʻtindan gʻam yemasak ham boʻladi, dalada nima koʻp – quvray koʻp. Yerga qalin poxol toʻshaymiz-da, ana undan keyin oʻqishimizni boshlab yuboramiz. Qalay, oʻqishga havasinglar bormi, maktabga qatnab turasizlarmi?

Dugonalarim orasida yoshi kattasi men edim, shu sababdan javob berishga botinib:

– Kelinoyim yuborsa, qatnab turaman, - dedim.

– Nega yubormas ekan, uyga qamab, ustingdan qulf solib qoʻyarmidi? Isming nima?

– Oltinoy, - dedim, etagimning yirtigʻidan koʻrinib turgan tizzamni kaftim bilan bekitib.

– Oltinoy – isming ham oʻzingga mos, chiroyli ekan. – U erkalatganday jilmayib qoʻygan edi, dilim ham iliganday boʻldi. – Oltinoy, esli qiz koʻrinasan, boshqa bolalarni ham oʻzingga ergashtirib, maktabda oʻqiymiz, deb olib kelgin, xoʻpmi?

– Xoʻp, amaki.

– Meni ogʻay denglar. Maktabni koʻrasizlarmi? Tortinmasdan kirib koʻraveringlar.

– Yoʻq, biz uyga ketamiz, - deb uyalinqirab javob berdik.

– Mayli boʻlmasa, uy-uyinglarga boringlar, bira-toʻla oʻqishga kelganda koʻrarsizlar. Men qorongʻi tushguncha borib yana bir oz yantoq oʻrib kela qolay.

Duyshen oʻroq, arqonlarni olib dalaga qarab ketdi. U ketgandan keyin biz ham qoplarimizni orqalab ovul tomon joʻnab qoldik. Toʻsatdan kallamga bir fikr keldi:

– Hoy, qizlar, - deb dugonalarimni toʻxtatdim.– Kelinglar, tezagimizni maktabga toʻkib ketamiz, har qalay qishga yarab qolar.

– Uyga quruq boramizmi? Aqlingni yeganmisan?!

– Borib yana terib kelamiz-da.

– Be, kech boʻlib qoldi, uyda toza soʻkish eshitamiz.

Shunday deyishdi-da, oʻrtoqlarim menga qaramasdan, qoplarni koʻtarishib joʻnab qolishdi.

Men oʻshanda nima vajdan shunday qilganimga hali ham tuzukkina aqlim yetmay yuradi. Qizlar gapimga kirmaganlaridan izza boʻlib orim keldimi yoki goʻdaklik chogʻimdan men shoʻrlik biron shirin soʻz eshitmay bir umr dakki yeb, koʻz yoshim ham qurib qolganidanmi, koʻrmagan, bilmagan bir odam yuragimni ilitib: «Es-hushli qiz ekansan», deb erkalatib aytgan ikki ogʻiz shirin soʻzi meni eritib yubordimi...

Qismatim, toleim, hayotimning butun achchiq-chuchuklari, azob-uqubatlari mana shu bir qop tezakdan boshlanganini yaxshi bilaman, bunga imonim komil. Bunday deyishimning boisi shuki, oʻsha kuni bu qilmishimning oxiri nima boʻladi, deb oʻylab-netib oʻtirmay, umrimda birinchi marta yurak yutib koʻnglim tortgan ishga tavakkal qadam qoʻydim.

Oʻrtoqlarim meni tashlab ketishgandan keyin yugurib Duyshenning maktabiga qaytib bordim, qopdagi tezakni eshik tagiga toʻkdim-da, tezak terish uchun gʻizillab yana adirga tushib ketdim.

Kattakon bir ishni qoyil qilib qoʻygandayo, yuragim dukillab, sevinchim ichimga sigʻmay ketdi. Kuch-gʻayratim joʻsh urib, toʻgʻri kelgan tomonga chopqillab ketaveribman. Baxtiyorligimdan quyosh ham xabardoru, u ham quvonchimga sherikday, qushday parvoz qilib ketishimdan uning koʻngli ochilganini oʻzim ham bilardim. Nega deganda, hozirgina savob ish qilgan edim-da!

Quyosh tepalar ustiga yaqin kelib qolgan edi-yu, lekin, nazarimda, nigohimga toʻyib olgisi kelganday, hali-beri botgisi yoʻq edi. Quyosh yoʻlimga poyondoz solib, oyoqlarim ostidagi kuz tuprogʻini toʻq qizil, pushti va och qizil nur bilan bezab turardi. Gir atrofimda kapalakchalar lip-lip etib olovday yonadi. Ming yamoq kamzulimning kumush rang tugmalarida quyosh olovday yonib turadi.

Oʻzim gʻizillab chopib ketyapmanu, yer, osmon, shamolga qarab: meni koʻrib qoʻyinglar! Koʻrdingizmi, gʻururdan boshim osmonda! Men endi maktabda oʻqiyman, boshqa bolalarni ham oʻzim bilan oʻqishga olib boraman...- deb shodligim ichimga sigʻmay ketyapti.

Shu koʻyi oʻzimda yoʻq, oʻynoqlab yugurib borayotgan edim, bir vaqt tezak terish esimga tushib qoldi. Qiziq, yoz boʻyi bu yerlardan poda arimas, har qadamda tezak uchrardi. Endi, aksiga olib, tezakdan nom-nishon ham koʻrinmasa-ya, xuddi yer yutganday! Yo oʻzim qidirmadimmi?

Tezak axtarib yuraveribman. U zormanda qolgur ham onda-sonda bir koʻrinib qoladi deng. Qorongʻi tushguncha qopim toʻlmay qolsa-ya, deb yuragimni vahima bosib, shoshilganimdan chiy butalari orasida adashib qolibman. Oʻzim qoʻrqib ketyapman. Bir amallab qopimni yarimlaganimda kun botib, adirlarga bir zumda, qorongʻi tushdi-qoʻydi.

Hech mahal yolgʻiz oʻzim bunday bemahalda yurmagan edim. Sukunatga choʻmgan tepalarni zimiston tun burkab oldi. Bu yerda meni bir narsa ushlab qoladiganday, qopni darrov yelkamga tashlab, ovulga qarab chopdim. Azbaroyi vahima bosganidan, baqirishim, yigʻlashim ham hech gap emasdi, lekin Duyshenning haligi gaplari esimdan chiqmagan, u ojizligimni koʻrib yana mendan hafsalasi pir boʻlmasin, degan xayolga bordim-da, or-nomus kuchlilik qildi, koʻzimni chirt yumib, damimnn ichimga yutib kelaverdim. Oʻqituvchi xuddi menga tikilib qarab turganday, yon-verimga qarashdan ham hayiqaman, oʻzimni dadil tutib boraverdim.

Hamma yogʻimdan ter quyilib, chang bosib ovulga yetib keldim, hansiraganimcha ostona bosib uyga kirgan edim, oʻchoq yonida oʻtirgan kelinoyim menga qarab oʻshqirib oʻrnidan turib ketdi. Qennoyim oʻzi badfe’l, qoʻpol ayol edi.

– Qaysi goʻrda yuribsan? - deb dagʻdagʻa qildi men tomon tashlanib, javob qaytargunimcha boʻlmay qoʻlimdagi qopni yulib olib uloqtirib yubordi: – Qorongʻi tungacha sanqib yurib tergan tezaging shumi?!

Qizlar kelib allaqachon chaqimchilik qilib qoʻyishgan boʻlsa kerak, deb oʻyladim.

– Xudoning balosi, itvachcha! Maktabda kiming bor? Oʻliging qola qolsa boʻlmasmidi shu maktabda! –Kelinoyim qulogʻimni burab ura ketdi, – itvachcha, yetimcha! Boʻrining bolasi oʻlsa ham it boʻlmaydi! Odamlarning bolalari daladan uyga tashisa, sen uydan dalaga tashiysan! Maktabingni burningdan chiqarmasam... Qarab tur hali. Ikkinchi oyoq bosganingni koʻrsam, iligingni sindiraman. Hali shoshma, seni... Qani maktabdan ogʻiz ochib koʻr-chi!

Baqirib yubormasam goʻrgaydi, deb nafasimni chiqarmay, oʻzimni bosib turdim. Keyin oʻchoqqa xashak tashlab, koʻk mushugimni silab oʻtiraverdim, koʻzimdan tirqirab yosh chiqib ketdi... Mushugim har gal yigʻlaganimda kelib tizzamga oʻtirib olardi. Kelinoyimning kaltagidan yigʻlaganim yoʻq, qargʻish-doʻpposlashlariga-yu oʻrganib qolgandim: endi kelinoyim meni oʻlsa ham maktabga yubormaydi, deb shunga kuyib yigʻladim...

Chamasi, shundan ikki kun oʻtgach, ertalab ovulda itlar hurib, odam ovozlari eshitilib qoldi. Bilsak, Duyshen uyma-uy kirib bolalarni oʻqishga yigʻib yurgan ekan. U vaqtlarda ovulimizda koʻcha qayoqda deysiz, guvala uylar ovulda yakkam-dukkamu, har kim koʻngliga yoqqan joyga uy solib oʻtiraverardi. Oʻntacha bolani ergashtirib, Duyshen hovlima-hovli kirib yurgan ekan.

Bizning hovlimiz bir chekkada edi. Kelinoyim ikkalamiz oʻgʻirda tariq yanchib turgan edik, amakim hovlida oʻraga koʻmilgan bugʻdoyni olayotgan edi. Bozorga elga sotmoqchi boʻlgan ekan. Kelinoyim ikkalamiz navbatma-navbat oʻgʻir dastasini goh koʻtarib, goh tushirib tarma yanchib turibmizu, fursat kelganda Duyshenlar tomonga koʻz qirimni tashlab ham olaman. Bizning hovliga kirmay burilib ketmasaydi, deb koʻrqaman. Kelinoyim meni maktabga bermasligiga koʻzim yetib turgan boʻlsa ham, nimadandir umidvor boʻlib, hech boʻlmasa muallim bu hovlida turishimni bilib qoʻysin, deb betoqatlik bilan kutaman: «Ey xudo, kela qolsa ekan», deb xudodan tilak tilab turibman.

– Salom, yanga, hormanglar, mana bir gala boʻlib hol-ahvol soʻragani keldik, - deb Duyshen hazil-huzul bilan salom berib, bir toʻda bolalarni orqasidan ergashtirgancha hovliga kirib keldi.

Kelinoyim salomiga istar-istamas alik olganday bir nima deb mingʻirlab qoʻydi-yu, lekin amakim oʻradan boshini koʻtarmadi ham. Duyshen pinagini ham buzmay, hovlining oʻrtasida yotgan gʻoʻlaga savlat toʻkib borib oʻtirdi, qoʻliga qalam-qogʻoz oldi.

– Bugun maktabni ochmoqchimiz. Qizingiz necha yoshda?

Kelinoyim javob qaytarmay, zarda bilan oʻgʻir dastasini «gurs» etib urdi-da, yana aylantirib-aylantirib qoʻydi. Kelinoyimning gapirgisi kelmay, ensasi qotib turganligi avzoyidan sezilib turardi.

Endi nima boʻlar ekan, deb ichimdan zil ketganday boʻldim.

Duyshen menga qarab, kulib qoʻygan edi, huv bir galdagiday koʻnglim yayrab ketdi.

– Oltinoy, necha yoshga kirgansan? - deb soʻradi. Men qoʻrqqanimdan indamadim.

– Yoshi bilan nima ishing bor, nima, tergovchimisan! - dedi qoʻrslik bilan kelinoyim. Oʻqishing oʻzingga buyursin. Bunga oʻqishni kim qoʻyibdi, nonni «nanna» deb yurgan erkatoylar ham oʻqimasdan yurishibdi-ku! Bir galasini yigʻib olibsan-ku, oʻshalarni olib boraver maktabingga, biz bilan ishing boʻlmasin.

Duyshen irgʻib oʻrnidan turdi-da, rangi oʻchib, qovoqlari solinib:

– Bu gapni oʻylab gapiryapsizmi? Xoʻsh, yetim xudoga nima yomonlik qilibdi? Yoki yetimlar oʻqimasin degan zakon bormi?

– Zakon-pakoning bilan ishim yoʻq. Men oʻzim zakonman, menga zakonchilik qilma.

– Ogʻzingizga qarab gapiring. Bu qiz sizga kerak boʻlmasa, bizga kerak. Sovet hukumatiga kerak! Bizga qarshi chiqsangiz, zakonchiligimizni koʻrsatib ham qoʻyamiz!

– Sen oʻzing kimsan, kim seni katta qilib qoʻydi! - deb oʻdagʻayladi kelinoyim.– Bunga, yedirib-ichirib yurgan men xoʻjayinlik qilamanmi yoki sayoqvachcha darbadar senmi?

Shu payt beligacha yalangʻoch boʻlib olgan amakim oʻradan koʻrinmaganda, bilmadim, bu dahanaki jangning oxiri nima boʻlar edi? Amakim bu uyda er kishi, xoʻjayin borligini unutib, xotinining har narsaga burnini suqishini yoqtirmasdi. Shunday paytlarda xotinini oʻlguday tutib urardi. Bu gal ham zardasi qaynab ketdi shekilli:

– Hoy, xotin deyman! - deb jerkib tashladi u, oʻradan chiqib,– sen qachondan beri bu uyning biy-bekasi boʻlib qolding?! Koʻp gapirma, ishingni qil! Ayda, Tashtanbekning oʻgʻli, adi-badi aytishib oʻtirma, olib ketaver qizni, oʻqitasanmi-choʻqitasanmi, bilgaganingni qil. Ayda, qoʻradan tuyogʻingni shiqillatib qol! Ket...

– Buni maktabda yayratib qoʻyib, oʻgʻirni kim yanchar ekanu, qozon-tovoqqa kim qarar ekan, - deb kelinoyim manjalaqilik qila boshlagan edi, amakim baqirib:

– Yum ogʻzingni, gap bitta! - dedi.

Har yomonning bir yaxshisi bor, deganlariday, birinchi marta maktabga borishim mojarosi shunday boʻlgan edi.

Shundan buyon Duyshen har kuni ertalab hovlima-hovli yurib, bizni maktabga olib ketar edi.

Birinchi kuni maktabga borganimizda u bizni yerga toʻshalgan poxol ustida oʻtqazib, har birimizga bittadan daftar, bittadan qalam va bittadan taxtacha berdi-da:

– Taxtachani tizzangizga qoʻysangiz xat yozish oson boʻladi, - deb tushuntirdi.

Keyin devorga yopishtirilgan suratni koʻrsatib:

– Bu kishi Lenin! - dedi.

Leninning shu surati bir umr esimda qoldi. Keyin bu suratni nimagadir hech yerda uchratmadim, oʻzimcha uni «Duyshen koʻrsatgan surat», deb yuraman. Lenin oʻsha suratida halpillagan harbiy kiyimda, ozgʻin, soqol-moʻylovi oʻsgan edi. Yarador qoʻlini boʻyniga osib olgan, bostirib kiygan kepkasi ostidagi ziyrak koʻzlari bilan sokin boqib turardi. Bu mayin, mehrli koʻzlar bizga: «Bolakaylar, kelajagimiz qanday porloq boʻlishini bilsangiz edi!» deb turganday edi. Oʻsha xayrli daqiqada, nazarimda, u chindan ham mening kelajagim toʻgʻrisida xayol surib turganday tuyulgandi.

Duyshen bu suratni koʻpdan beri yonida olib yurgan boʻlsa kerak, rosmana plakat qogʻozga bosilgan ekan, eskirib, chetlari unda-munda yirtilib ham ketgan... Maktabimizning toʻrt devorida shu suratdan boshqa hech nima yoʻq edi.

– Bolalar, men sizlarga harf yozishni, oʻqish va hisobni oʻrgataman, - degan edi oʻshanda Duyshen.– Oʻzim nimani bilsam, sizlarga ham shularni oʻrgataman...

Aytganiday, Duyshen bilganlarini ayamasdan, sabr-toqat bilan bizga ta’lim bera boshladi. Har birimizning yonimizga kelib qalam ushlashni oʻrgatib boʻlgandan keyin, biz eshitmagan gaplarni zoʻr ishtiyoq bilan tushuntirib, qulogʻimizga quyib bordi. Hozir ham oʻylab turib, yozilgan narsani oʻzi zoʻrgʻa hijjalab oʻqiydigan bu chalasavod yigitning shunday buyuk ishga bel bogʻlaganiga hayron qolaman, axir uning qoʻlida bironta darslik, hatto oddiy alifbe kitob ham yoʻq edi-da! Ota-buvalari, yetti pushti xat-savodsiz oʻtib kelgan bolalarni oʻqitish oson gap deysizmi! Duyshenning na dars programmasi va na metodikadan xabari bor edi. Dunyoda bunday narsalar borligini bilmasdi ham.

Duyshen bizni bilganicha, qoʻlidan kelganicha oʻqitdi, koʻngliga nima kelgan boʻlsa shuni oʻqitaverdi. Uning sof koʻnglidan chiqqan gʻayrat-tashabbusi behuda ketmadi, oʻz samaralarini berdi, bunga imonim komil.

U qahramonlik koʻrsatdi-yu, lekin bu qahramonligidan oʻzi ham bexabar edi. Ha, bu chin qahramonlik edi, nega deganda, oʻsha kezlarda ovulidan boshqa joyni koʻrmagan qirgʻiz bolalari koʻz oldida, agar yoriq-teshiklardai qorli togʻ choʻqqilari koʻrinib turadigan shu kulbani maktab deb atash mumkin boʻlsa, shu maktabda toʻsatdan quloq eshitmagan, misli koʻrilmagan yangi dunyo namoyon boʻldi.

Lenin yashab turgan Moskva shahri Avliyo Otadan katta, Toshkentdan ham bir necha marta kattaligini, dunyoda Talas vodiysiday keladigan ulkan-ulkan dengizlar borligini, bu dengizlarda togʻday-togʻday kemalar suzib yurishini biz ana oʻshanda bilgan edik. Bilsak, bozorda sotiladigan lampa moyini yer ostidan qazib chiqarishar ekan. Xalq boyib, turmushimiz yaxshilanganda maktabimiz derazalari katta-katta oq uyda boʻlib, bolalar partalarda oʻtirib oʻqiydigai boʻlishiga biz oʻsha vaqtdayoq ishongan edik.

Uncha-muncha harf taniganimizdan keyin, «Ota», «Ona» soʻzini bilmasak ham, birinchi yozgan soʻzimiz «Lenin» boʻldi. Bizning siyosiy alifbemiz: «boy», «batrak», «sovet» degan soʻzlar edi. Duyshen «revolyutsiya» soʻzini yozishni bir yildan keyin oʻrgataman, deb va’da qildi.

Duyshen, otasi temir yoʻlda ishlab yurgan kezlari, Mixail Semyonovich degan bir keksa muallimning qoʻlida ikki qish oʻqigani, keyin armiyaga borib, oqlar bilan urushganlarini hikoya qilganda, biz ham xayolimizda u bilan yonma-yon turib jang qilganday boʻlardik. Lenin toʻgʻrisida xuddi uni oʻz koʻzi bilan koʻrganday hayajonlanib gapirardi. Uning aytganlarining koʻplari, albatta, buyuk dohiy haqida xalq ogʻzida doston boʻlib yurgan rivoyatlar edi. Bunga hozir aqlim yetib turibdi, lekin bular oʻsha kezlarda biz, Duyshen shogirdlari uchun kundek ravshan haqiqatlar edi.

Bir kun oqkoʻngillik bilan:

– Ogʻa, Lenin bilan qoʻl berishib koʻrishganmisiz? - deb savol bergandik, muallimimiz bir xil boʻlib bosh chayqadi-da:

– Yoʻq, bolalar, Lenin bilan yuz koʻrishish nasib boʻlmagan menga, -deb bizning oldimizda xijolat boʻlganday xoʻrsinib qoʻydi.

Har oyning oxirida Duyshen ish bilan volostga piyoda joʻnab ketardi-yu, shu bilan ikki-uch kun deganda qaytib kelardi.

Shu kunlarda biz uni juda sogʻinib qolardik. Bir tugʻishgan akamni kutganday kelinoyimga sezdirmay, tez-tez pastki yoʻlga qarab, muallimning xurjun koʻtargan qiyofasi koʻrinarmikin, yuragimni ilituvchi tabassumini qachon koʻrarkinman, ma’rifatli soʻzlarini qachon eshitarkinman, deb yoʻliga intizor boʻlib kutardim.

Duyshenning shogirdlari ichida eng kattasi men edim. Shuning uchun ham boshqalardan uquvim yaxshiroq edi, lekin, nazarimda, boshqa sababi ham yoʻq emasdi. Muallimning har bir soʻzi, koʻrsatgan har bir harfi men uchun tabarruk, muallimga ixlosim zoʻr edi. Duyshenning ta’limini qulogʻimga quyib olnshdan ham muhimroq ilinjim yoʻq edi bu dunyoda.

Duyshenning bergan daftarini ayab-avaylab, yer koʻkka ishonmay, yurgan yoʻlimda oʻroq uchi bilan yer chizib, koʻmir bilan devorga, xivich balan qor ustiga harf suratini solib, soʻz toʻqib yurardim. Nazarimda, dunyoda Duyshendan oʻtar olim, undan oʻtar aqlli odam yoʻq edi.

Shu orada qish ham kirib qoldi.

Birinchi qor tushguncha tepaning etagida shildirab oqib turgan ariqdan qoʻl ushlashib kechib oʻtib yurdik. Keyin ariqning suvi oyoqni kesib yuboradigan boʻlib, kichkina bolalarning koʻzidan tirqirab yosh ham chiqib ketdi. Endi bolalar turnaday tizilib turishardi. Duyshen ularni galma-galdan bittasini yelkasiga olib, ikkinchisini qoʻlida koʻtarib ariqdan oʻtkazib qoʻyardi.

Shularni hozir oʻylab ketib, koʻrgan koʻzimga ham ishongim kelmay qoldi. Odamlar oʻsha vaqtda johilligidanmi deyman yoki boʻlmasa aqli kaltalik qilganmi, haytovur, Duyshendan kulishardi. Togʻda qishlab, har zamon tegirmonga kelgan boylarni asti qoʻyavering. Ustlarida pochapoʻstin, boshlarida suvsar telpak, ostlarida semiz otlarini oʻynatib, kechuv yonida bizga duch kelganlarida Duyshenni kalaka qilganlari-qilgandi:

– Manavi, bittasini qoʻliga, bittasini orqalab olgan joʻjabirday kim oʻzi? - deb qamchisi bilan turtib oʻtmay qoʻymasdi birontasi.

Boshqa biri:

– Attang, bunaqa mehnatkashligini bilganimda, kichik xotinlikka olardim-ku! - deya xoxolab kulib, hamma yogʻimizga loy sachratib oʻtib ketishardi.

Oʻshanda xoʻrligim kelib yigʻlaguday boʻlardim, gʻazabim qaynab, kuchim yetsa otning tizginidan ushlab, «Muallimimizning sadaqasi ketgur, uyatsiz, ahmoqlar!» - deb yuzlariga tik boqib qichqirgim kelardi.

Biroq norasida qizning gapiga kim ham quloq solardi. Achchiq-achchiq koʻz yoshlarimni ichimga yutib qolaverardim. Duyshen boʻlsa hech nima koʻrmagan, hech nima eshitmaganday, bu sassiq gaplarga parvo ham qilmasdi. Qaytanga, biron qiziq gap oʻylab topib, bizlarni alahsitish payidan boʻlardi.

Koʻprik solishga yogʻoch topish uchun Duyshen har qancha harakat qilsa ham, boʻlmadi. Bir kuni maktabdan qaytayotganimizda, bolalarni ariqdan oʻtkazib qoʻydik-da, Duyshen ikkalamiz ariq boʻyida qoldik. Suv kechishdan qutulpsh uchun tosh va chimdan hatlamchi yasamoqchi boʻldik.

Rostini aytganda, ovuldagilarning oʻzlari insof qilishsa, shu yerga ikkita-uchta taxta olib kelib tashlashsa, koʻprik ham bitardi-qoʻyardi, lekin u zamonlarda oʻqishning ma’nosiga aqli yetmagan xaloyiq, Duyshenni anchayin bekorchi afandi deb bilishardi. Chidasang oʻqit, bizni tinch qoʻy, deganday, ot kechgan yerga koʻprik solib oʻrganmagan odamlar, bizning mushkulimizni oson qilish yetti uxlab tushlariga ham kelmabdi-ya! Lekin ular, tanalariga bir oʻylab koʻrishsa boʻlardi: nima uchun boshqalardan ortiq boʻlsa borki, lekin kam yeri boʻlmagan, aqli hushi joyida bu navqiron yigitiing shuncha azob-uqubat, xoʻrliklariga qaramay, tirishib-tirmashib ularning bolalarini oʻqitib, qoʻlidan kelganicha ularga ilm berayotganining vaji nima edi?

Biz oʻsha kuni ariqqa hatlamchi solayotganimizda birinchi qor tushgan edi. Suyak-suyaklardan oʻtib oyoq-qoʻlni qaqshatgan muzdek suvda Duyshenning oyoq yalang boʻlib olib, katta-katta xarsang toshlarni koʻtarib yurganiga hali-hali aqlim yetmaydi. Ariqning oʻrta yeridan zoʻrgʻa qadam tashlab borardik, suv oyogʻimni kesib ketay derdi, bir vaqt boldirimning tomiri tortishib, alamiga chidolmay qoldim, nomus kuchli, na baqirishimni bilaman, na qaddimni rostlay olaman. Koʻzim tinib yiqilib ketayotgan ekanman. Duyshen koʻrib qoldi, qoʻlidagi toshni irgʻitib yuborib yonimga yugurib keldi, dast koʻtarib, ariqdan olib chiqdi-da, yerda yotgan shineliga qoʻydi. U goh tirishib, koʻkarib qolgan oyoqlarimni uqalar, goh muzlab qolgan qoʻllarimni kaftlari orasiga olib ishqalar, goh ogʻziga yaqin olib borib nafasi bilan ilitardi.

– Qoʻy, Oltinoy, sadagʻang ketay, sen shu yerda isinib oʻtiraver, - deb Duyshen yalinganday boʻldi,– men oʻzim hozir bitkazaman...

Hatlamchini bitirgandan keyin, Duyshen etigini kiyib turib, sovuqdan hurpaygan avzoyimni koʻrib miyigʻida kulib qoʻydi:

– Isidingmi, hasharchi qiz? Shinelni yopinib ol, ha balli! - dedi. Bir ozdan keyin: – Huv oʻshanda tezak qoldirib ketgan senmiding, Oltinoy? - deb savol berdi.

– Ha, - dedim men.

Duyshen oʻzi bilan oʻzi gaplashganday: «Oʻzim ham shunday deb oʻylovdim» deganday miyigʻida kulib qoʻydi.

Hali-hali esimda, oʻsha onda ikki yuzim yonib olov boʻlib ketdi: bundan chiqdi, bu arzimagan narsani muallimim bilgan va esida saqlab yurgan ekan-da! Oʻzimni baxtiyor his qildim, boshim osmonga yetdi.

Duyshen ham mening xursandligimni sezdi.

– Sadagʻasi ketay, shu oppoq qizni, - dedi u meni erkalatib,– qanday dono qizki... Qani endi qoʻlimdan kelsa, seni katta shaharga yuborib oʻqitsam. Ulugʻ martabali odam boʻlib yetisharding-a!

Shunday dedi-yu, Duyshen shartta burilib ariq boʻyiga bordi.

Toshlar ustidan shaldirab oqib turgan koʻm-koʻk suv labida ikki qoʻli orqasida-yu, koʻkrak kerib, togʻ ustidan suzib oʻtayotgan oq bulutlarga chanqoq koʻzlari bilan tikilib, oʻy surib turgani hali-hali koʻz oldimdan ketgan emas.

Nimalarni oʻyladi ekan oʻshanda? Xayolida meni rostdan ham katta shaharga oʻqishga yuborgan boʻlsamikin! Men boʻlsam Duyshenning shineliga oʻralib olib: «Oh, qani endi Duyshen tugʻishgan akam boʻlsa-yu, boʻyniga osilib erkalab qattiq-qattiq quchoqlasam, koʻzimni chirt yumib dunyoda bor shirin-shirin gaplarni shivirlab qulogʻiga aytsam! Ey, xudoyim, uni menga tugʻishgan aka qila qolsang nima boʻpti!» - deb tilak tilagap edim. Oʻshanda muallimimizni odamgarchiligi, yaxshi niyatlari uchun, bizlarning kelajagimiz toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilganligi uchun ham unga mehr qoʻyib, izzat-hurmatini bajo keltirgan boʻlsak kerak. Bizlar goʻdak bolalar boʻlsak ham, oʻyimcha, oʻsha vaqtdayoq aqlimiz yetib turardi shunaqa narsalarga.

Boʻlmasa tizzadan suv kechib, izgʻirinda nafasimiz kesilib, shuncha uzoq joyga – tepalikka har kun qatnab tinka-madorimizni quritishga bizni kim majbur qilardi, deysiz? Maktabga oʻz ixtiyorimiz bilan havas qilib borardik. Oʻqishlaringga borsalaring-chi, deb bizni qistovga oladigan hech kim yoʻq edi. Bu muzxona saroyda yuz-koʻzlarimizni qirov bosib, oyoq-qoʻllarimiz sovuqdan muzlab qolsa ham, chidab oʻtirardik. Faqat pechka yoniga borib navbatma-navbat isinib olardik, qolganlarimiz oʻz oʻrnimizda Duyshenning darslariga quloq solib, oʻqish bilan mashgʻul boʻlardik.

Mana shunday qahraton qish kunlaridan birida, endi oʻylasam yanvar' oyining oxirlarida boʻlsa kerak, Duyshen uyma-uy kirib, bizlarni yigʻdi-da, maktabga boshlab ketdi. U indamay borar, qovoqlari burgut qanotiday uyulgan, rangi oʻchgan, yuzi bamisoli choʻgʻda toblangan temirday unniqib ketgan edi. Biz muallimimizni hech qachon bunday holatda koʻrmagan edik. Uning, avzoyiga qarab bizlar ham jim bordik: biron koʻngilsiz hol yuz berganini sezib turardik.

Yoʻlda qor tepaliklariga duch kelganimizda Duyshen doimo avval oʻzi yoʻl ochar, uning ketidan men yurardim, keyin hamma bolalar oʻtib olishardi. Bu gal ham tepaga chiqaverishda kechasi qor uyilib qolgan ekan, Duyshen yoʻl ochgani oldinga oʻtib ketdi. Ba’zida odamning orqasidan ham uning avzoyini, koʻnglidan nima gaplar oʻtayotganini bilsa boʻladi. Oʻshanda ham muallimimiz boshiga ogʻir musibat tushganligi sezilib turardi, nega deganda, u boshini quyi solib zoʻrgʻa oyoq sudrab ketayotgan edi. Koʻz oldimda goh qora, goh oq dahshat solib namoyon boʻlib turgani hali-hali esimda: bizlar gʻozday tizilib tepalikka chiqib ketayotganimizda, qora shinel' ostidan Duyshenning bukchaygan qaddi koʻzga tashlandi, undan yuqorida oppoq qor tepaliklari tuya oʻrkachlariday koʻrinib turar, shamol har gal hamla qilganda ularning uchini uchirib ketardi, undan ham balandroqda – sutday oppoq osmonda bir qora bulut qora dogʻday koʻzga chalinardi.

Maktabga yetib kelganimizda Duyshen pechkaga olov ham yoqmadi.

– Oʻrninglardan turinglar, - deb buyurdi. Hammamiz oʻrnimizdan turdik.

– Telpaginglarni olinglar, - dedi.

Bizlar hammamiz itoatgoʻylik bilan telpagimizni qoʻlimizga oldik, oʻzi ham askarlikdan kiyib kelgan quloqchinini boshidan yulib oldi. Nima boʻlayotganiga aqlimiz yetmay turaverdik. Keyin muallimimiz sovuqdan boʻgʻilgan uzuq-uzuq ovoz bilap gap boshladi:

– Lenin otamiz olamdan oʻtdi, hozir butun dunyoda odamlar motamda. Sizlar ham joy-joylaringizdan qoʻzgʻalmay, mana bu suratga qarab turinglar. Bu kun bir umr xotiringizda saqlanib qolsin.

Maktabimizning ichi xuddi suv sepgandek jimjit boʻlib qoldi. Eshik-teshikdan shamolning uvillashi, shamol uchirib kelgan qorning shitirlab poxol ustiga tushishi ham eshitilib turardi.

Tinim bilmagan shaharlar jimib, yeru koʻkni larzaga keltirib turgan zavodlar sukutga ketganda, gumburlab dala-dashtlarni yangratib turgan poyezdlar yetgan joyida toʻxtab, butun dunyo motam libosiga burkanib olganda – mana shu motam soatida xalqning bir boʻlagining bir zarrasi boʻlmish biz, Duyshenning shogirdlari maktabimizda, hech kim koʻrmagan, hech kim bilmagan bu muzday saroyda muallimimiz bilan yonma-yon gʻamgin qiyofada saf tortib turardik. Lenin uchun hammadan koʻproq kuyib-pishgan, eng yaqin kishilariday vidolashdik. Lenin bobomiz boʻlsa yarador qoʻli bogʻloqlik, boyagi-boyagiday halpillagan harbiy kiyimda devorga osiqliq joyidan bizlarga jilmayib qarab turardi. U hamon oʻsha ochiq chiroyi bilan bizga qarab: «Kelajagingiz qanday goʻzal, qanday porloq boʻlishini bilsangiz edi!» deganday boʻlardi. Oʻsha sokin daqiqada, nazarimda, darhaqiqat u mening kelajagimni oʻylab turganday koʻrinib ketdi koʻzimga.

Keyin Duyshen koʻz yoshlarini artib, bizga bir koʻz yugurtirib chiqdi-da:

– Men bugun viloyatga joʻnab ketaman. Partiyaga kiraman. Uch kundan keyin qaytib kelaman, - dedi.

Oʻsha uch kun, nazarimda, tabiatning eng achchiq, eng qaygʻuli kunlari boʻldi. Dunyodan oʻtgan ulugʻ zotning oʻrni toʻlmay, tabiat armon taronasini boʻronga, oʻksik-oʻksik oʻshqirgan shamolga berib, dardi alamini qahraton sovuqqa berib, qoya va xarsang toshlarga kelib oʻzini urdi, tinchini topolmay qoldi... Qaygʻu-hasrat, nadomag, talpinishdan oʻzini tutolmay, dod faryod ichida yerparchin boʻlaverdi...

Ovulimizga jimlik choʻkdi, pastlab tushgan bulutlar orasida gʻira-shira qorasi koʻrinib turgan togʻ-toshlar ostida jimib qoldi. Qurum bosgan moʻrilardan uzun-uzun tutun chiqib turardi, odamlar uydan koʻchaga chiqmay qoʻyishdi. Atrofda boʻrilar ham uvlab qolishdi. Quturib, katta yoʻlda kuppa-kunduz kunlari ham huradigan boʻlib qolishdi, kechalari ovulga yaqin kelib, tishlab tortqilaydigan hech nima topolmay, tong otguncha uvlab izgʻib yurishardi.

Muallimimizdan negadir xavotir olib, ustida issiqroq toʻni ham yoʻq, yupqa shinelda bu sovuqda qanday otib kelar ekan, deb yuragimni hovuchlab yurdim. Duyshen keladigan kuni koʻnglim gʻash boʻlaverdi, oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qoldim. Dam-badam eshikka chiqib, qorasi koʻrinarmikin deb koʻzim toʻrt boʻlib turdim; jim-jit, qorli dalada odamzod bolasidan asar ham koʻrinmadi. Nima boʻldiykin, kelmay qolish odati yoʻq edi-ku!

«Voy, xudoyim-ey, kechga qolmay ertaroq kela qolsa-chi! Boʻyginangdan aylanay, ogʻam! Bemahalda qayoqlarda yurganikin!» - deb ichimda koyib ham oldim.

Biroq, unsiz nidomga qirdan javob boʻlmagandan keyin, kelinoyimga bildirmay yigʻlab ham oldim.

Hadeganda, eshikka yugurib turishim kelinoyimning joniga tegib ketgandan keyin:

– Hoy, shum oyoq, eshikni tinch qoʻyasanmi-yoʻqmi? Gum boʻlib oʻtirsang-chi oʻrningda, ipingni yigir! Bolalarni ham toza muzlatding, yashshamagur! - deb dagʻdagʻa qilib meni eshikka chiqarmay oʻtirgʻizib qoʻydi.

Qosh qorayib qoldi, muallimning kelgan-kelmaganidan bexabar oʻtirardim. Tipirchilab yuragim oʻynab ketaverdi. Har zamonda, Duyshen yetib kelgan boʻlsa kerak, deb oʻzimni ovutib qoʻyaman. Aytgan kunida kelmay qolish odati yoʻq edi-ku, deyman oʻzimga-oʻzim. Goh tobi qochib qolgan boʻlsa-ya, madori ketib zoʻrgʻa qadam tashlab kelayotgandir, boʻronga qolib adashib ketsa nima qilaman, deyman. Ip yigirmoqchi boʻlamanu, qoʻlim titrab ip hadeb uzilgani-uzilgan, buni koʻrgan kelinoyimning jazavasi tutib:

– Senga nima balo boʻldi?! Yogʻoch boʻlib qolganmi deyman qoʻling? - deb menga xoʻmrayib gʻajib tashlamoqdan beri boʻlib oʻtirdi. Keyin sabri chidamay qoldi shekilli: – Qora qoning ogʻzingdan kelgur! Tur oʻrningdan, Sayqal buvining qopini oborib ber, - dedi.

Suyunganimdan oʻrnimdan irgʻib turib ketibman. Duyshen oʻsha Sayqal buvining uyida turardi-da. Sayqal buvi bilan Qartangboy otaning menga uzoqroq qarindoshligi bor edi. Ilgari ularnikiga borganimda, vaqt-vaqti bilan tunab ham qolardim. Kelinoyimning esiga shu narsa keldimi yo xudoning menga rahmi keldimi, ishqilib, qopni qoʻlimga ushlab turganimda kelinoyim yana:

– Juda jonimga tegib ketding, bor oʻshoqqa! Xoʻb deyishsa, Sayqalnikida yotib qola qol, yoʻqol koʻzimdan...- deb qoʻshib qoʻydi.

Yugurib hovliga chiqdim, shamol jazavasi tutgan shamanday boʻkirardi: oʻqchiganday boʻlardi-da, keyin toʻsatdan kishiga hamla qilib, lovillab yonib turgan yuzlarimga qor tikanday kelib sanchilardi. Qopni qoʻltigʻimga qisib olib, endigina koʻrinish bergan ot tuyoqlari izidan ovulning narigi uchiga qarab gʻizillab chopib ketdim. Oʻzim boʻlsam: «Kelganmikin, muallim kelganmikin?» deb yakkash shuni oʻylayman.

Halloslab yugurib yetib bordim, qarasam, yoʻq. Eshik oldida nafasim ogʻzimga tiqilib tosh qotib qolganimni koʻrib Sayqal buvi qoʻrqib ketdi:

– Senga nima boʻldi? Namuncha yugurmasang, tinchlikmi oʻzi?

– Ha, oʻzim. Mana, qopingizii olib keluvdim. Yotib qolsam maylimi?

– Ha, bolam qola qol, chirogʻim... Obbo, jinni qiz-e! Yuragimni ham qinidan chiqaza yozding-a! Oʻzing ham kuzdan beri qorangni koʻrsatmay qoʻyding. Kel, oʻtga yaqin kelib oʻtir, isinib ol.

– Qozonga goʻsht tashla, kampir, qizimni mehmon qil. Duyshenning ham keladigan vaqti boʻlib qoldi. - Deraza yonida eski kiyiz etikni yamab oʻtirgan Qartangboyning ovozi chiqdi. – Allaqachon kelishi kerak edi, ha mayli, qorongʻi tushguncha kelib qolar. Uyga qaytarda otning qadami ham ildamlashib qoladi.

Hademay derazalar qorongʻilanib, tun ham kirib koldi. Yuragim poyloqchilik qilib turganday, har gal itlar vovillaganda yo qulogʻimga odam tovushi chalinganda bir seskanib tushardim. Lekin Duyshendan darak yoʻq. Yaxshiyamki, Sayqal buvi bir mahalgacha undan-bundan gapirib, vaqt oʻtganini ham bilmay qoldik. Ana kelar, mana kelar, deb kutib oʻtiraveribmiz, qarasak, yarim kechadan oshib ketibdi, kuta-kuta charchagandan keyin Qartangboy ota:

– Qoʻy endi, kampir, joyingni sol, yotamiz. Bugun kelmaydi endi. Kech boʻlib qoldi. Boshliqlarning nimasi koʻp, ishi koʻp boʻladi, biron ish bilan ushlanib qolgan boʻlsa kerak, boʻlmasa allaqachon uyda boʻlardi, – dedi-da, yechinib oʻrniga yotishga tayyorlandi. Menga pechkaning orqasiga, bir burchakka joy solib berishdi. Koʻzimga hech uyqu kelmadi, cholning yoʻtali qoʻzgʻab, u yonidan bu yoniga agʻdarilib, shivirlab duo oʻqib yotdi-da, bir mahal tinchini yoʻqotgan odamday:

– Otginamning holi nima kechdi ekan? Tekinga birov bir tutam xashak bermaydi, yemni boʻlsa pulga ham topib boʻlmaydi, - deb mingʻirlab qoʻydi.

Qartangboy ota bir ozdan keyin uxlab qoldi-yu, lekin shamolning uvillashi kishini tinch qoʻymadi. Shamol xuddi tomda paypaslab yurganday gʻudur panjalari bilan uyning tepasini agʻdar-toʻntar qilar, oynani timdalardi. Hovlida shamol devorga kelib oʻzini urayotgani baralla eshitilib turardi.

Cholning soʻzlari menga tasalli bermadi. Nazarimda, Duyshen hozir yetib keladiganday, surati xayolimdan koʻtarilmay, koʻz oldimda turaverdi, yolgʻiz oʻzi qir-dalada ahvoli nima kechdiykin, deb yuragimni vahima bosaverdi... Shu ahvolda koʻzim yumilib ketgan boʻlsa kerak, bir mahal yuragim hovliqib ketdi-yu, boshimni yostiqdan koʻtardim. Sovuq, xunuk uvlagan tovush yangrab qayerlardadir havoda tarqalib ketdi. Boʻri ovozi! Bitta emas, bir galaga oʻxshaydi. Boʻrilar toʻrt tomondan uvlab, jadallik bilan yaqinlashib kelaverdi. Joʻr, boʻlishib yer-koʻkni buzib galalashib, uvlashi goh uzoqlashib, goh yaqinlashib turar, shamolda qir-dalaga tarqalardi, axiyri ovul chetiga yetib kelishganday boʻldi.

– Boʻron chaqirishyapti, yer yutgurlar, - dedi kampir shivirlab.

Chol jimgina quloq solib turdi-da, oʻrnidan irgʻib turdi:

– Yoʻq, kampir, bularning uvlashi bejiz emas! Birovni quvib kelishyapti. Odamnimi, biron yilqinimi, bir nimani oʻrab olishgan. Eshityapsanmi? Xudo saqlasin, yana bizning Duyshen boʻlmasin! Axir, u hech nimani pisand qilmaydigan tentak-ku!

Qartangboy qorongʻida toʻnini axtarib hovliqib qoldi.

– Chirogʻingni yoq, kampir, chirogʻingni yoqsang-chi! Xudo xayringni bersin, tezroq boʻl!

Titrab-qaqshab biz ham kampir bilan birga shoshib oʻrnimizdan turdik, kampir chiroqni topib uyni yoritguncha boʻrilarning quturib uvlashi toʻsatdan toʻxtab, jim boʻlishdi-qolishdi.

– Yiqitishdi, goʻrsoʻxtalar! - deb chol baqirib yubordi-da, qoʻliga tayoq olib oʻzini eshikka qarab otgan edi, shu choq itlarning vovillagan ovozi eshitildi. Kimdir qor gʻajirlatib deraza yonidan oʻtdi, toqatsizlik bilan eshikni taq-taq ura boshladi.

Uy ichiga muzdek bulut yopirilib kirdi. Bulut tarqalganda qarasak, Duyshen turibdi. Yuzida qoni yoʻq, oppoq oqarib ketgan, entikib, gandiraklab ostonadan oʻtib, devorga kelib suyanib qoldi. Azbaroyi holdan ketgandan:

– Miltiq! - dedi zoʻrgʻa.

Bizlar gapini anglamaganday angrayib turardik. Koʻz oldimni qorongʻilik bosib, chol-kampirning:

– Qora qoʻy, oq qoʻy sadaqa boshingdan! Bahoviddin avliyo seni oʻz panohida asrabdi! Senmiding, boʻtam? - degan gaplari qulogʻimga kirganini bilaman.

– Miltiq qani, miltiq, ota? - deb Duyshen yana eshik tomonga otilgan edi.

– Miltiq yoʻq, nima boʻldi, qayoqqa borasan? - deb cholu kampir Duyshenning boʻyniga osilishdi.

– Soʻyil bormi?

– Soʻyilni nima qilasan, hech qayoqqa bormaysan, esing joyidami, bolam? Kim bilan tenglashmoqchisan, bizga ham rahming kelsin, - deb ikkovlari yalinib-yolvorishdi.

Birdaniga butun avzoyim shalayim boʻlganday sekin borib oʻrnimga yotib oldim.

– Ulgurolmadim, hovliga yetib keluvdim hamki, bosib olishdi, - deb ogʻir xoʻrsinib qamchisini burchakka irgʻitdi Dunshen. – Ot yoʻlda kelayotgandayoq madori qurigan edi, boʻrilar quvib qolishdi, ovulga zoʻrgʻa chopib keldi-yu, gup etib yiqildi, oʻsha zamoni hammasi kelib ustiga yopirilishdi.

– Xudo oʻzi seni bir asrabdi! Ot ketsa sadqai sadagʻa, ot yiqilmaganda seni ham omon qoʻyishmasdi, Avliyo Bahoviddin qoʻllabdi seni, oxiri baxayr boʻlsin. Endi yechinib oʻtga yaqinroq kel. Kel, etigingni tortib qoʻyay, - deb Qartangboy ota suyunganidan Duyshenni qoʻyarga joy topolmay qoldi.

– Hoy, kampir, nimang bor yeydigan, isit. Bir xudo asrabdi oʻzingni, bolam.

Ular olovga yaqin borib oʻtirishdi. Shundan keyin Qartangboy yengil tortib xoʻrsinib qoʻydi:

– Ha, mayli, peshonangda yozilgani boʻpti. Oʻzing ham muncha kech yoʻlga chiqmasang?

– Volkomda majlis choʻzilib ketuvdi, ota. Partiyaga kirdim.

– Bu ishing yaxshi boʻpti. Shundogʻ ekan, ertaga ertalab kela qolsang boʻlmasmidi? Axir, seni birov yelkangdan itarib, ket, demagandir?

– Bolalarga bugun kelaman deb va’da beruvdim, - deb javob qildi Duyshen, – ertaga ertalab oʻqishimizni boshlaymiz.

– Obbo, tentag-e! Yana bolalarim deydi-ya! - deb Qartangboyning jahli chiqib bir sapchib tushdi: – Tavba, bolalarga va’da beruvdim deydi-ya! Shu mishiqilarni deb, xudo koʻrsatmasin, biron falokatga uchrasang, unda nima boʻlardi? Nima deyapsan oʻzing, bir oʻylab koʻrsang-chi?

– Buni men muqaddas burchim deb bilaman, otaxon. Bu-ku mayliku-ya, har gal piyoda borib, piyoda kelardim, bu safar shayton meni yoʻldan ozdirib, yolgʻiz otingizdan ajratib, boʻrilarga xomtalash qilib berganimni aytmaysizmi...

– Bosh-koʻzingdan sadaqa, bolam! Shu qirchangʻi otni ham gapirib oʻtiribsanmi, - deb Qartangboy kinoya aralash gapirib qoʻydi. – Bir umr peshonamga ot bitgan emas, bu yogʻi ham bir gap boʻlar. Sovet hukumatining sadagʻasi ketay, yana otlik boʻlib qolarman...

– Shundogʻ desangiz-chi, cholim, - dedi Sayqal kampir yigʻlamsiragan ovoz bilan, – ot sendan aylansin... Ovqatingni issigʻida icha qol, bolam...

Jimlik choʻkdi. Bir ozdan keyin Qartangboy xayol surib tezak choʻgʻni titkilab oʻtirib:

– Qarab tursam, oʻzing es-hushli yigitsan. Bu goʻdak bolalarni oʻqitaman, deb oʻzingni ming azobga duchor qilyapsan. Shundan boshqa tuzukroq ish qurib qolganmi senga? Oʻzingni buncha xor qilmasang, undan koʻra, birontasiga choʻponlikka yollansang ham, usting but, qorning toʻq boʻlardi-ku, axir...

– Ota, jigarchilik qilib menga yuragingiz achishib turibdi, bilaman. Agar shu yosh bolalar ham sizga oʻxshab, oʻqishning nima keragi bor, oʻqib nima boʻlardik deb turishsa, unda Sovet hukumatining ishi yurishmay qoladi-ku. Oʻzingiz Sovet hukumatining sadagʻasi ketay, umri uzoq boʻlsin deyapsiz-ku! Shu vajdan bola oʻqitishni oʻzimga xorlik deb bilmayman. Qani endi, qoʻlimdan kelsa, bolalarga koʻproq bilim berolsam, armonim qolmas edi. Axir, Lenin ham aytgan-ku...

– Ha, aytgancha...- deb Qartangboy Duyshenning gapini boʻldi-yu, bir oz jim turgach dedi:

– Sen-ku, joningni jabborga berib yuribsan. Qani, koʻz yoshing bilan Leninnn tiriltirib ololsang edi! Qani endi dunyoda shunaqa kuch topilsa edi! Yo boʻlmasa sen, boshqa odamlarda dard qolmagan, deb oʻylayapsanmi? Axir, yurak-bagʻrimiz tutoqib ketyapti-ku! Noilojmiz-da! Dini boshqa boʻlsa ham, siyosatga toʻgʻri keladimi-yoʻqmi, unga atab kuniga besh vaqt duo oʻqib yuribman. Ba’zida, Duyshen bolam, qanchalik qaygʻurib koʻz yoshi qilsak ham, bari bir, foydasi yoʻqligiga aqlim yetib turadi. Men keksa boshimga shunday deb qoʻydim: Lenin xalq orasiga singib qoldi, Duyshen, endi qondan qonga, otadan bolaga oʻtib, abadiy barhayot boʻlib qoladi...

– Tilingizdan aylanay, otaxon, haq gapni aytdingiz. U oʻzi dunyodan oʻtdi-yu, lekin bizlar hayotni Lenin andazasi bilan oʻlchaymiz.

Ularning gapini eshitib yotib, men anchadan keyin sekin-asta oʻzimga kelganday boʻldim. Avval hammasi tushday koʻrindi, Duyshenning eson-omon qaytganiga anchagacha koʻnglim ishonmay yotdi. Bir mahalda yuragim quvonchga toʻlib toshgandan nafasim boʻgʻzimga sigʻmay qolibdi, azbaroyi suyunganimdan oʻpkam toʻlib koʻz yoshlarim duv-duv toʻkilib, yigʻlab yubordim! Bilmadim, dunyoda hech kim menchalik xursand boʻlganmikin! Shu damda chol-kampirning kulbasi ham, boʻronday boʻkirayotgan tun ham, ovulning bir burchagida Qartangboyning yolgʻiz otini tortqilab xomtalash qilayotgan bir gala boʻrilar ham, hech nima koʻrinmay qoldi! Qalb, idrok, butun vujudim nur singari bepoyon, benihoya ajoyib baxt daryosiga gʻarq boʻlgandi. Yigʻim eshitilmasin deb boshimni koʻrpaga burkab, ogʻzimni qattiq yumib oldimu, lekin Duyshen:

– Bu yigʻlayotgan kim boʻldi? - deb soʻrab qoldi.

– Ha, Oltinoy, boya qoʻrqib ketuvdi, shunga yigʻlayapti, - dedi Sayqal buvi.

– Oltinoy? Nima qilib yuribdi bu yerda? Duyshen oʻrnidan irgʻib turdi, tepamga kelib tizzalab oʻtirdi-da, yelkamga qoʻlini tegizib: I-e, Oltinoy, nima boʻldi senga, nega yigʻlayapsan? - deb soʻradi. Men boʻlsam yigʻimni tiyolmay, yuzimni devorga oʻgirib, battar hoʻngrab yigʻlab yubordim.

– Ha, oppoq qiz, nimadan qoʻrqding? Tentak qiz! Kap-katta boʻlib-a... Qani... menga bir qara-chi!

Duyshenning boʻynidan qattiq quchoqlab oldim, koʻz yoshlarim bilan yuvilgan, olov boʻlib yonib turgan yuzlarimni uning yelkasiga qoʻyganimcha oʻzimni tutolmay shirin-shirin yigʻlayverdim! Suyunganimdan ichimdan qaltiroq turdi.

– Voy, voy, yuragi tushib qolganmi deyman. Kampir, bunga bir dam solib qoʻysang-chi, kel tezroq qimirlasang-chi, – deb Qartangboy ham namatdan turdi.

Hammalari besaranjom boʻlib qolishdi.

Sayqal buvi allaqanday duolarni oʻqib, goh yuzimga suv purkab, goh yelkalarimni qoqib yuribdi-yu, yana oʻzi menga qoʻshilishib yigʻlaydi. Oʻshanda yuragim quvonchga toʻlib-toshganidan oʻrnidan jilib qolganini bilishsa edi, buni ta’riflashga holim yoʻq edi, rostini aytganda, ojizlik ham qilardim.

Tinchib, koʻzim uyquga ketguncha, Duyshen qizib ketgan peshonamni sovuq qoʻli bilan silab yonimda oʻtirdi.

* * *

...Qish dovon oshdi. Bahor yeli yetib kelganda togʻ qoʻynida oq qor, koʻk muz siljib oʻziga yoʻl ochib katta-katta toshlarni yumalatib yuborganda, bahor taronasini oʻynab toshqin suvlar togʻ yelkalaridan shildirab oqib tushdi.

Ehtimol, bu mennng ilk yoshlik bahorim boʻlgandir. Bahor koʻrki koʻzimga har yilgidan boshqacharoq tuyuldi shekilli, bizning maktabimiz oʻrnashgan tepadan koʻringan ajoyib bahor manzarasi meni oʻziga maftun qilardi. Yer xuddi quloch yoyib oʻzini toʻxtatolmay togʻdan quyosh nuriga gʻarq boʻlgan, yengil, suyuqqina tutun qoplagan koʻkimtir bepoyon dala-qirlarga gʻizillab yugurib borayotganday boʻlar, allaqayerlardan havoni larzaga keltirib kishnagan choʻziq yilqi ovozi eshitilib turar, osmonda kumush bulutlar oralab kishiga zavq berib oʻtayotgan turnalar yeru koʻkka bahordan darak berib uzoq safarga chorlaganday saf tortib oʻtishardi.

Bahor kelishi bilan bizlarga ham jon kirdi. Oʻyin-kulgimiz koʻpayib, maktabdan ovulga bir-birimizni quvalashib, qiyqirishib borardik. Kelinoyimning bunga gʻashi kelib, har gal bir qargʻab olmasa koʻngli oʻrniga tushmasdi:

– Hey, ta’viya, muncha shataloq otmasang? Soʻlaqmonday boʻying bir joyga yetib qolibdi-yu, yurishingni qara, yo qari qizlikni boʻyningga olmoqchimisan? Sen tengi qizlar allaqachon erga chiqib, qaynanalik-qaynatalik boʻlib olishdi, sen boʻlsang... Huv, topgan matohing boshingda qolsin! Maktabing bilan qoʻshmozor boʻlgur! Hali shoshmay tur, adabingni bermasam seni...

Kelinoyimning doʻqlari ham menga uncha kor qilmasdi, uning qargʻishlarini eshitaverib etim oʻlib qolgandi. Ichi qoraligidan qari qiz derdi, boʻlmasa boʻyim oʻzi shu yil bahorda sal choʻzilganini demasa, oʻzim boyagi-boyagi, Duyshen aytmoqchi, sochi paxmoq malla qizman-ku... Duyshenning gapiga jahlim ham chiqmasdi. «Sochim-ku paxmoqku-ya, – deb oʻylardim oʻzimcha, – lekin malla emasman. Boʻyim yetsin bir chiroyli qiz boʻlayki, odamlarning havasi kelsin! Duyshen menga: koʻzlaring yulduzday yonib turadi, istarang issiq, Oltinoy», - deb aytib yuradi-ku!

Bir kuni maktabdan kelsam hovlimizda ikki begona ot bogʻloqlik turibdi. Egar-jabdugʻiga qaraganda, egalari togʻdan tushishgan. Ilgari ham bozor-oʻchardan qaytishda hovlimizga kirib oʻtishardi.

Kelinoyimning qandaydir beoʻxshov xoxolab kulgani ostona xatlamasimdanoq qulogʻimga chalindi:

– Jiyan bola, koʻpam pishiqlik qilaverma, kamib qolmaysan. Kelinoyimning qadrini jazmaning qoʻlingga tekkanda bilasan! Hali zamon oʻzing ham koʻrarsan! Xi-xi-xi!

Hammalari gur etib kulib yuborishdi, men ostonada paydo boʻlganimni koʻrib, jim boʻlib qolishdi. Toʻrda namat ustiga yozilgan dasturxon yonida yuzlari qip-qizil, semiz bir odam oʻtirgan ekan. U katta suvsar telpagi ostidan menga yalt etib qarab, tomogʻini qirib yoʻtalganday boʻldi.

– E, keling, oppoq qiz, kela qoling oppogʻim! – qarasam, kelinoyim jilmayib, juda shirin soʻz boʻlib qolibdi. Amakim ham namatning bir chekkasida yana birov bilan oʻtiribdi. «Tuz, koʻzir» deb qarta oʻynab, aroq ichib, ovqat yeb oʻtirishibdi. Ikkovlarining ham kayfi boru, qarta urganda tebranib kallalarini qimirlatishadi.

Koʻk mushugim dasturxonga yaqin kelgan edi, yuzi qizil odam uni mushti bilan bir urdi, mushuk bechora jon achchigʻida miyovlab, bir burchakka borib jim boʻlib qoldi. Yegan mushti jonidan oʻtib ketdi-da! Qanday qilib chiqib ketishimni bilmay turganimda, kelinoyim menga asqotdi:

– Aylanay bolam, ovqating qozonda, olib yeya qol, - dedi.

Uydan tashqari chiqib ketdimu, lekin kelinoyimning tilyogʻlamaligini koʻrib, koʻnglim gʻash boʻlib qoldi. Beixtiyor hushyor tortdim.

Chamasi, ikki soatlardan keyin mehmonlar otlariga minib, toqqa joʻnab ketishdi. Kelinoyim yana boyagiday: «Shumshuk, tirik yetimcha», – deb qargʻay boshlagan edi. Ha, boyagi mastligida aytgan gaplari ekan-da, deb koʻnglim oʻrniga tushdi.

Shu voqeadan bir oz oʻtgach, biznikiga bir ish bilan Sayqal buvi kirib keldi. Hovlida yurganimda uning: «Voy, bu nimasi! Uvoliga qolishdan qoʻrqmaysanmi?» - deb koʻngli buzilib gapirganini eshitib qoldim.

Kolinoyim bilan Sayqal buvi ikkalasi qattiq aytishib qolishdi, bir mahal Sayqal buvi qizarib-boʻzarib uydan chiqib ketdi. Kampir ham rahmi kelib, ham oʻqrayib menga qaradi-yu, indamay chiqib ketdi.

Koʻnglim gʻalati boʻlib qoldi. Nega menga oʻqrayib qaradiykin, nima yomonlik qiluvdim?

Ertasi kuni maktabga borsam, Duyshenning avzoyi buzuq koʻrindi, sirini boy bermaslikka harakat qilmoqchi boʻladi-yu, lekin nimadandir xafa. Yana razm solib tursam, men tomonga qaramaslik payidan boʻladi. Darsdan keyin biz hammamiz gala-gala boʻlib maktabdan chiqqan edik, Duyshen meni chaqirib qoldi:

– Toʻxta, Oltinoy, – deb yonimga keldi-da, koʻzimga tikilib turib qoʻlini yelkamga qoʻydi. – Uyingga borma, Oltinoy, gapimga tushundingmi? – dedi. Yuragim shuv etib ketdi. Kelinoyimning koʻnglidagi iiyatini endi tushundim.

– Javobini men oʻzim beraman, – dedi Duyshen, – hozircha biznikida turasan, koʻzimdan uzoqqa ketmagin, xoʻpmi?

Rangim oʻchib ketgan boʻlsa kerak, Duyshen iyagimdan koʻtarib, koʻzimga tik boqdi:

– Qoʻrqma, Oltinoy! – dedi, u odaticha kulib qoʻyib, – men yoningda boʻlganimda hech kimdan qoʻrqma. Oʻqishingdan qolma, hech nimani xayolingga keltirma!.. Qoʻrqoqligingni oʻzim ham bilamanku-ya...– deb esiga bir narsa tushgandan xoxolab kulib yubordi. – Senga anchadan buyon bir narsani aytmoqchi boʻlib yuruvdim. Esingdami, hoʻ oʻshanda Qartangboy ota, azonda turib olib qayoqqadir chiqib ketgan edi. Bir vaqt qarasam, senga dam soldiraman deb, bilasanmi kimni – folbinni, haligi Jaynaqning kampirini boshlab kelibdi. – Nimaga olib keldingiz, desam: – Bir dam solib qoʻysin, Oltinoyning yuragi qoʻrqqanidan joyidan koʻchib qolibdi debdi. – E, bu alvastini joʻnating, bunga beradigan qoʻy qani biz kambagʻalda. YoLGʻIZ otni boʻlsa boʻrilar yeb ketdi, deb quvib yubordim. Sen uxlab yotgan eding, kavushini qoʻliga berib chiqarib yuboruvdim, meni oppoq soqolim bilan uyatga qoldirding, deb Qartangboy ota bir haftagacha men bilan gaplashmay yurdi. Nimasini aytasan, kampir ikkovlari mehribon, ajoyib odamlar. Yur endi, Oltinoy, uyga ketamiz, – deb Duyshen meni oʻzi bilan olib ketdi.

Muallimimni bekorga xafa qilmaslik uchun oʻzimni har qancha qoʻlga olishga harakat qilsam ham, hadeb meni vahima bosaverdi. Kelinoyim kelib ura-ura oldiga solib olib ketsa, kim nima deya olardi? Keyin koʻngillariga kelgan ishni qilishaveradi, ovulda kim ularning qoʻlini tutardi? Kechalari mijja qoqmay, bir falokat boshlanadi, deb vahima qilib chiqardim.

Qay holatda yotib-turganimni Duyshen, albatta, bilardi. Yurak chigalimni yozib, koʻnglimni koʻtarish uchun ertasi kuni maktabga ikkita terak koʻchat olib keldi. Oʻqish tamom boʻlgandan keyin, Duyshen qoʻlimdan ushlab, bir chekkaga olib borib:

– Hozir ikkalamiz bir ish qilamiz, – dedi-da, menga sirli jilmayib qoʻydi. – Mana bu teraklarni senga atab olib keldim. Ikkalamiz ekamiz, bular katta boʻlib, baquvvat tortguncha, sen ham voyaga yetib, ajoyib odam boʻlib, gulday ochilasan. Qalbi pok, zehni oʻtkir qizsan, nazarimda, oʻqisang martabang baland boʻladi. Bunga imonim komil, meni aytdi deyarsan, peshonang ham nishona berib turibdi. Hozir novdaday, shu terak koʻchatlariday navqironsan. Kel, Oltinoy, shu koʻchatlarni oʻz qoʻlimiz bilan oʻtqazaylik! Baxting oʻqishdan ochilsin, chaqnagan koʻzingdan aylanay...

Boʻyim tengi yosh-yosh koʻk teraklar ekan. Maktabimizdan sal nariroqda ekib qoʻygan edik, togʻ etagidan esgan shabada endigina yozilgan yaproqchalarni silab jon kirgizganday boʻldi. Yaproqchalar zirillab, terakchalar tebranib qoʻydi.

– Mana koʻrdingmi? Bir chiroyliki! - dedi Duyshen orqasiga tisarilib borib, – endi huv katta buloqdan ariq ochib kelamiz. Hali koʻrasan, biram sarvqomat boʻlib voyaga yetishsinki! Shu tepalikda ogʻa-iniday yonma-yon qad koʻtarib turishadi. Oʻtgan-ketganlarning koʻziga tashlanib, hammaning bahrini ochadi. U vaqtga borib zamon ham boshqacha boʻlib ketadi. Oltinoy, boshimiz omon boʻlsa, u yaxshi kunlar ham nasib boʻlar...

Suyunganimdan koʻnglim shodlikka toʻlib, nima deyishga gap ham topa olmay Duyshenga tikilib turaveribman. Uning rangpar yuzlari, choʻziq qora koʻzlari qanday suluv, oʻzi pok qalb egasi ekanligini ilgari bilmay yurganday, tol oʻtqazganda loy boʻlgan barmoq boʻgʻinlari, uzun-uzun zabardast qoʻllari qoʻqqisdan tegib ketganda kishining yuragi huzur qilishini sezmay yurgan ekanman. Hozir yuragimni hayajonga solgan allaqanday sezgi uygʻonib: «Duyshen ogʻay, sizday bola tuqqan onaga rahmat... Sizni bagʻrimga bosib oʻpgim kelib turibdi!» - deb yuborishimga sal qoldi, yuragim dov bermadi, oʻylarimdan oʻzim uyalib ketdim. Lekin hali-hali afsuslanib yuraman. Biroq, oʻshanda tepamizda koʻm-koʻk osmon, toʻrt tomonimiz koʻkalamzor adiru, har birimiz oʻz oʻy-xayollarimiz bilan band edik. Boshimga tushgan xavf-xatarni shu baxtli onda butunlay unutib yuborgandim. Ertangi kunim nima boʻlishini ham, ikki kun boʻpti-yu, kelinoyim meni izlab kelmaganini ham oʻylamay qoʻygan edim. Meni eslaridan chiqarib qoʻyishdimikin yoki oʻz ixtiyoriga qoʻyib qoʻyaylik deyishdimi?

Keyin bilsam, Duyshen koʻnglimdan oʻtib turgan hamma gaplarni bilib yurgan ekan, ovulga yetib kelganimizda:

– Koʻp ham qaygʻuraverma, Oltinoy, bir ilojini toparmiz. Indinga volostga borib sening toʻgʻringda gaplashib kelaman. Balki yordam berishar, seni oʻqishga yubortirish niyatim bor. Borasanmi oʻqishga? - dedi.

– Siz nima desangiz, muallim, oʻsha ma’qul, – deb javob berdim. Shahar degani qanaqa boʻlishini koʻz oldimga keltira olmasam ham, Duyshenning gaplarini eshitgach, koʻnglimda shaharga borib oʻqish orzusi tugʻildi.

Goh suyunib, goh begona yurtda holim nima kecharkin, deb vahima bosib, xullas, shu gap miyamda aylanib yuraverdi.

Ertasi kuni maktabda oʻtirganimda ham shaharga borib qolsam kimnikida turaman, qani endi, savoblikka bironta odam boshpana bersa, oʻtinini yorarman, suvini tashib berarman, kir-chirini yuvarman, axir qarab turmay, qoʻlimdan kelgancha rozi qilarman, deb xayol surib oʻtiruvdim, toʻsatdan maktabimizning orqasida ot tuyoqlarining dupur-dupuri eshitilib qoldi. Toʻsatdan shitob bilan otliqlar paydo boʻlib, hozir maktabimizni yanchib vayron qiladiganday tuyuldi. Muallimimizning gapi qulogʻimizga kirmay, hammamiz hang-mang boʻlib tosh qotib qoldik. Bu holatimizni payqagan Duyshen shoshib:

– Bolalar, koʻnglingizni boʻlmay oʻqishingizga qaranglar, – dedi.

Lekin eshik shartta ochildi, qarasak, ostonada achchiq istehzo aralash kulimsirab kelinoyim turibdi. Duyshen eshik oldiga bordi-da, bosiq ovoz bilan:

– Xoʻsh, xizmat? – deb soʻradi.

– Xizmatimizning senga daxli yoʻq, qizimni uzatmoqchi boʻlib yuribman. Hoy bepadar! – deb kelinoyim men tomonga otilgandi, Duyshen yoʻlini toʻsdi.

– Bular maktab qizlari. Uzatadigan qiz yoʻq bu yerda! – dedi dadil va salobat bilan.

– Nima? Bor-yoʻqligini hozir koʻrsatib qoʻyamiz. Hoy, jiyan bola, qani kelinglar. Sochidan sudrab chiqinglar, bu yuzi qorani!

Kelinoyim otliqlardan biriga qoʻli bilan ishora qilgan edi, anavi kungi suvsar telpak kiygan, yuzi qip-qizil, semiz odamga koʻzim tushdi. Uning ketidan qoʻllariga uzun-uzun tayoq ushlagan yana ikki odam otdan tushib kelishdi.

Duyshen eshik oldida turganicha oʻrnidan qoʻzgʻalmadi.

– Sen, hey daydi it, birovlarning qiziga oʻz xotiningday xoʻjayinlik qilmoqchisanmi deyman? Nari tur!

Shunday dedi-yu, suvsar telpakli xuddi ayiqday tashlanib Duyshenga dagʻdagʻa qildi.

Duyshen eshik kesakisiga qattiq yopishib olib:

– Sizlarning bu yerga qadam qoʻyishga haqingiz yoʻq, bu maktab! - dedi.

– Aytmadimmi? Bularning bir balosi bor. Uni oʻzi allaqachon yoʻldan urib olgan. Bu qanjiqni tekinginaga tuzogʻiga ilintirib olgan! - deb kelinoyim chiyillab yubordi.

– Maktabing bilan nima ishim bor! - deb haligi semiz odam boʻkirib qamchisini koʻtargan edi, Duyshen uning qorniga oyogʻi bilan bir tepdi, semiz odam gup etib yerga yiqildi. Shu zahoti soʻyil ushlab turganlar Duyshenning ustiga otilishdi. Qoʻrqib rangi quv oʻchgan bolalar dod-voylashib yugurib yonimga kelishdi. Mushtlashish, soʻyil zarbidan maktab eshigining tit-piti chiqib ketdi. Menga yopishib olgan bolalarni ham oʻzim bilan sudrab mushtlashayotganlar tomonga otilib bordim.

– Qoʻyib yuboringlar, muallimimizni urmanglar! Mana, kerak boʻlsam, meni olib ketinglar! - degan edim, Duyshen menga bir qarab qoʻydi. Yuzlari qip-qizil qonga boʻyalgan, dahshat va gʻazabdan koʻzlaridan oʻt chaqnab turardi. Yerdan bir parcha taxtani qoʻliga oldi-da, u bilan hamla qila turib:

– Qochinglar, bolalar, ovulga qochinglar! Qoch, Oltinoy! – deb baqirdi. Azbaroyi zoʻr berib baqirganidan ovozi boʻgʻilib qoldi.

Duyshenning qoʻlini sindirishdi. U qoʻlini koʻkragiga bosib, orqasiga tisarildi, ana ular boʻlsa qon hidlab quturgan buqaday:

– Ur! Boshiga sol! Oʻldir! - deb soʻyil bilan uni yana rosa doʻpposlashdi.

Dargʻazab kelinoyim bilan suvsar telpakli bir sapchib yonimga kelishdi. Sochimni boʻynimga oʻrab, hovliga sudrab chiqishdi. Bor kuchim bilan ularning qoʻlidan sugʻurilib chiqishga urinib turganimda, koʻzim bir zumda yigʻlashdan ham qoʻrqib dong qotib qolgan bolalarga, devor tagida qora qoniga belanib yotgan Duyshenga tushdi.

– Muallim! Aylanay, ogʻa! Voydod, oʻldirishdi-ku bular, - deb baqirib unga intildim...

Qayoqda deysiz! Duyshen bir holatda... Yuz-koʻzlari, kiyimlaridan sogʻ joyi qolmagan. Ablahlarning kaltak zarbidan xuddi mast odamday, gandiraklab zoʻrgʻa oyoq ustida turar, likillab qolgan boshini tik tutishga harakat qilardi, ana ular boʻlsa tinmay doʻpposlashardi. Meni yerga yiqitib, ikki qoʻlimni chilvir bilan orqamga bogʻlashdi. Xuddi shu paytda Duyshen yerda sudralib qoldi.

– Ogʻa! - deb qichqirgan edim, ogʻzimni qoʻl bilan yopib, oʻzimni egar ustiga tashlashdi.

Suvsar telpakli odam otga minib olgan ekan, qoʻli va koʻkragi bilan meni mahkam bosib oldi. Duyshenni urkaltak qilgan anavi ikkovi ham otga minib, hammalari joʻnab qolishdi. Kelinoyim otniig yonida yugurgilab:

– Xoʻp ta’ziringni yedingmi, juvonmarg boʻlgur! Jazmaning ham asfalasofilinga ketdi...– deb boshimga mushtlab ketayotganda, bir mahal orqadan qulogʻimga:

– Oltinoy! – degan yurak-bagʻirni ezadigan dahshatli ovoz eshitildi.

Osilib yotgan boshimni zoʻrgʻa koʻtarib qarasam, qop-qora qonga belanib chala oʻlik qilingan Duyshen sogʻ qoʻliga kattakon bir tosh olib orqamizdan yugurib kelyapti. Uning orqasidan butun sinf bolalari uvvos solib ogʻaylab, baqirib kelishyapti.

– Toʻxta, hoy itlar! Toʻxta deyman! Qoʻyvoringlar uni, qoʻyvoringlar deyapman. Oltinoy! – deb sandiraklab yugurib bizga yaqin kelib qoldi.

Zoʻravonlar ot boshini tortishdi, ikkalasi Duyshenning atrofida ot aylantirib qolishgandi, u singan qoʻlim xalaqit bermasin degan xayolda yengini tishlab otliqlarni poylab tosh otdi, lekin otgan toshi tegmadi.

Anavi ikkovi Duyshenni bittadan soʻyil bilan urgandi, u loyga yiqilib tushdi. Koʻz oldim qorongʻilashib, dod solib yiglashayotgan bolalarning yerda yotgan muallimlari yoniga yugurishib kelib, dahshat toʻla koʻzlarini unga tikib toʻxtab qolishganini koʻrib qoldim, xolos.

Meni qayerdan, qayoqqa olib ketishganini bilmayman. Koʻzimni ochsam, oʻtovda yotibman.

Qorongʻi tushib kech kirar ekan, oʻtov tuynugidan osmondagi hech narsadan bexabar yulduzlarning charaqlashi koʻzga chalinib, uzoq-uzoqlardan ariqning shuvullab oqishi, poda-poda qoʻy haydab ketayotgan qoʻychivonlarning ovozlari eshitilib turardi. Oʻchoq boshida qiyshaygan yogʻochday, qovoqlari soliq, unniqib qop-qorayib ketgan bir xotin oʻtiribdi. Toʻrga qarasam, oh, qani endi koʻzimning oʻqi boʻlsa-yu...

– Hey, xotin, turgʻiz oʻrnidan anuvni! – deb amr qildi yuzi qizil semiz odam. Qora xotin yonimga kelib, yogʻochday dagʻal qoʻllari bilan yelkamdan silkitib qoʻydi.

– Toʻqolingni bir amallab koʻndir, boʻlmasa, bari bir, oʻz bilganimni qilaman!..

Shunday dedi-yu, anavi odam nusxa oʻtovdan chiqib ketdi. Qora xotin boʻlsa oʻrnidan qoʻzgʻalmadi ham, ogʻzidan gap ham chiqmadi. Soqovmikin! Uning kul singari boʻzargan sovuq koʻzlarida hech qanday jon yoʻq. Kuchuk bolaligidan miyasiga urilaverib koʻkmiya boʻlib qolgan itning termilgan koʻzlariga oʻxshaydi. Yer ustidamanmi, qorongʻi goʻrga tushib ketganmanmi, oʻlik-tirikligimni bilmay oʻtiraverdim. Soyda oqqan suv mungli sharillab holimga achinganday, toshdan toshga urilib betoqat boʻlayotganday...

Ming la’nat senday ichi qora dogʻuli kelinoyiga! Iloyim, uvolimga qolgin, qargʻishim boshingga yetsin. Toʻkilgan koʻz yoshlarim, tanimdan oqqan qonlarim sel boʻlib seni oʻz qa’riga tortsaydi!

Shu kecha meni oʻn besh yoshimda qizligimdan judo qildilar... Meni zoʻrlab xotin qilgan shu hayvonning bolalaridan ham yosh ekanman...

Ikki kun oʻtib, uchinchi tunda bu kunimdan oʻlganim yaxshi, mayli, oʻligim choʻl-biyobonlarda qola qolsin, quvib yetishsa oʻqituvchim Duyshen singari jonim boricha olishib oʻlganim yaxshi, degan oʻy bilan qochmoqchi boʻldim.

Oʻtov ichi qop-qorongʻi, sekin yurib borib eshikni topdim, qoʻlim bilan paypaslab qarasam, eshikni jun arqon bilan tangʻib bogʻlab qoʻyishibdi, hadeganda qorongʻida arqon tugunlarini yechib eshikni ochish oson emas. Shundan keyin oʻtov keragasini koʻtarib, ostidan sugʻurilib biron iloj qilib chiqib ketmoqchi boʻldim. Bor kuchimni ishga solib urinsam ham, butun harakatim bekor ketdi – oʻtovni tashqaridan ham arqon bilan yerga tortib qattiq bogʻlab qoʻyishgan ekan, qoʻzgʻatib boʻlmadi.

Biron oʻtkir narsa topib eshik iplarini qirqishdan boshqa iloj qolmadi. Qorongʻida paypaslab-paypaslab bilakdek yogʻoch qoziqdan boshqa hech narsa topmadim. Jon achchigʻida shu qoziq bilan oʻtov tagini kovlay boshladim. Miyamda faqat birgina fikr aylanib yuradi – yo bu yerdan qochib qutulaman yoki boʻlmasa bu kunimdan oʻlganim yaxshi, anavining xurragi, pishillashini eshitmasam boʻlgani, iloyim yoʻlim oson boʻlsin, ajalim yetgan boʻlsa, mayli, bu qafasdan qutulib, muallimim Duyshenday oʻz erkim uchun jonim boʻgʻzimdan chiqquncha olishib oʻla qolay!

Toʻqol nima degan odam boʻldi! Bir umr yorugʻ dunyoni koʻrmagan shoʻrli toʻqol... Ham jismi, ham qalbi qul ikkinchi xotindan ham yomon xoʻrlikka giriftor boʻlgan odam zoti bormi bu dunyoda!..

Jonim boricha yerni tirnab qaziy berdim. Keraganing tagidan ikki qoʻl sigʻadigan teshik ochilganda tong otib, nazarimda, ovul uygʻonganga oʻxshadi. Eshikda itlar vovillab, odamlarning ovozi eshitilib qoldi. Bir ozdan keyin yilqilar dupurlab, qoʻylar yoʻtalishib oʻtdi-da, oʻtovning yoniga kimdir kelib, arqonlarni yechib, oʻtov tepasidan kigizlarni tushira boshladi. Qarasam, indamas «kundoshim» qora xotin. Demak, koʻch-koʻch boʻlayotgan ekan. Bugun azonda bu yerdan qoʻzgʻalib, dovon oshib boshqa qoʻnishga koʻchib ketmoqchi boʻlib gaplashayotganlari kecha qulogʻimga bir chalinganday boʻlgandi. Shoʻrim qurib, qochishim yana besh battar qiyin boʻlar ekan-da...

Keraganing ostini kovlagan joyimdan hech qimirlamay yerga qarab oʻtiraverdim. Yashirib ham nima qilardim... Baribir, oʻtov tagi kovlanganini qora xotin koʻrdi-ku, koʻrsa ham, hech e’tibor bermay, indamay oʻz ishini qilaverdi. Bu dunyosining unga hech daxli yoʻgʻu, hayotning gʻavgʻosi uning his-tuygʻulariga aslo taqilmaydiganday, oʻzi bilan oʻzi ovora, toʻrda boshini koʻrpaga burkab ayiqqa oʻxshab yotgan xoʻjayinini, hoy turing koʻchib ketyapmiz, deb uygʻotishni ham oʻziga lozim koʻrmadi.

Hamma oʻtov kigizlari yigʻishtirib olingan edi, yap-yalangʻoch boʻldi-qoldi, men boʻlsam hamon qafasga tushgan qushday oʻtiribman, soyning naryogʻida odamlar tuyalarga yuk ortib, toʻs-toʻpolon boʻlishib koʻchish taraddudini koʻrishyapti. Bir mahal soydan uchta otliq chiqib kelib, haligilardan nimanidir soʻroqlashdi-da, biz tomonga yoʻl olishdi. Avvaliga bular koʻch koʻchirgani kelishgan boʻlsa kerak deb oʻylab oʻtirdim. Keyin razm solib qarab koʻzimga ham ishonmay qoldim. Duyshen bilan yoqasiga qizil taqqan ikki militsioner toʻgʻri bizning oʻtovga qarab kelishyapti.

Oʻrnimdan turay desam holim yoʻq, baqiray desam ovozim... Bir suyunib ketdimki, xayriyat, muallimim tirik ekan! Lekin, e-voh! Yuragim jarohatlangan, nomusim poymol etilgan... Jonim halqumimga kelib tiqilib qolganday, qulogʻim bitib, a’zoyi badanim boʻshashib ketdi...

Yuz-koʻzlari bint bnlan bogʻlangan, chap qoʻlini boʻyniga osib olgan Duyshen otdan sakrab tushib, eshikni oyogʻi bilan bir itardi, shiddat bilan oʻtovga kirdi-da, yuzi qizil odamning ustidagi koʻrpasini yulib olib irgʻitib tashladi.

– Tur oʻrningdan! - dedi gʻazab bilan.

U boshini koʻtarib, koʻzini bir ishqaladi. Duyshenga tashlanmoqchi boʻlgan edi, militsionerlarning oʻqtalgan toʻpponchalarini koʻrib jim boʻla qoldi. Duyshen chap qoʻli bilan yoqasidan tortib, oʻziga yaqin keltirdi, koʻziga tik boqib, gʻazabdan lablarining qoni qochib:

– Tur, ablah! Qani, yur, koʻngling tusagan yeringga olib borib qoʻyamiz! - dedi. U itoatkorlik bilan oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Duyshen uni yana bir yoqasidan tortib koʻziga tik boqdi-da, titroq tovush bilan:

– Sen uni giyohday oyoq osti qildim, rasvoyi olam qildim, deb xayol qilgandirsan? Bilib qoʻy, la’nati, u zamonlar oʻtib ketgan, hozir zamon bizniki, shu bilan endi sening kuning bitadi, - dedi. Uniig etigini yalang oyoq kiydirib, ikki qoʻlini orqasiga bogʻlashdi, militsionerlar uni otga oʻngarib, biri yetaklab, biri haydab olib ketishdi. Men Duyshenning otiga mindim, u yonimda piyoda ketdi.

Biz yoʻlga tushganimizda orqamizdan yurak-bagʻirni ezadigan dahshatli baqirgan ovoz eshitildi. Qora xotin orqamizdan yugurib kelardi. U aqldan ozgan majnunday yugurib erining yoniga kelib, suvsar telpagini tosh bilan urib tushirdi, yuziga kul sochib yubordi:

– Qonimni suvday ichding, qonxoʻr! Boshimga ne-ne kunlarni solmading, juvon oʻlgur! Mening qoʻlimdan endi oʻliging qutulmasa, tiriging qutulmaydi! - deb baqirib oʻkirganini eshitganda, yurak bagʻrim ezilib ketdi.

Qirq yildan beri ogʻiz ochmay, erining koʻziga tik qarolmay yurgan bu gʻaribning yuragida yigʻilib qolgan dard-alamlari bugun hamma toʻgʻonlarni chilparchin qilib, seldek oʻpirib chiqqanday boʻldi. Uning chinqiriq ovozi baland-baland dara qoyalariga borib urilib, aks-sadoday yangradi. Goh u, goh bu tomonga yugurib oʻtib, koʻm-koʻk tomirlari oʻynab ketgan oriq, kosovday qoʻllari bilan soʻqaday boshini qayerga yashirishni bilmay tipirchilab qolgan erining ustiga goʻng, qum sochib, kesak otib, qoʻliga nima ilinsa, shu bilan urib, unga la’natlar yogʻdirdi:

– Yurgan yoʻlingda oʻt unmasin, ilohim, oʻliging koʻmilmay dalada qolib ketsin, suyaging qaytib kelmasin, qargʻa-quzgʻunlar koʻzingni oʻysin, qorangni ikkinchi koʻrmay, oʻl, oʻl, harom oʻl! – dedi-yu, jinni boʻlgan odamday baqirib-oʻkirib, shamolda toʻzgʻib ketgan sochlaridan qochganday koʻzi tushgan tomonga yugurib ketdi.

Shu voqea ustiga yetib kelgan qoʻni-qoʻshnilari ot choptirib uning orqasidan quvib ketishdi.

Yomon tush koʻrib bosinqirab chiqqan odamday boshimning gʻuvillashi toʻxtamadi. Koʻz oldimni qorongʻi parda bosib, es-hushimni yigʻolmay, dilim gʻash, oʻzim xunob kelaverdim. Duyshen sal oldinda otni yetaklab ketyapti. U bint bogʻlangan boshini quyi solib, jimgina xayol surib borardi.

Ancha yurganimizdan keyin kasofat dara koʻrinmay ketdi. Militsionerlar ilgarilab ketib koʻrinmay qolishgandi; Duyshen otni toʻxtatdi-da, dard-alamli koʻzlari bilan birinchi marta menga tik qaradi.

– Oltinoy, kechir meni, seni bu kulfatlardan saqlay olmadim, kechir meni, – dedi. Qoʻllarimdan ushlab, qattiq bir xoʻrsinib oldi. – Sen kechirganing bilan, Oltinoy, bari bir oʻzimdan bir umr domongir boʻlib yuraman.

Hoʻngrab yigʻlab otning yoliga yuzimni qoʻyib oldim. Koʻnglimni yigʻi bilan boʻshatib olgunimcha Duyshen yonimda nafasini ham chiqarmay sochimdan silab turdi.

– Qoʻy, Oltinoy, behudaga joningga jabr qilma, - dedi u bir vaqt. – Gapimga quloq sol, Oltinoy, oʻtgan kuni volostda boʻlganimda oʻqishing toʻgʻrisida gaplashib keldim. Shaharga yuborib oʻqitamiz, deyishdi. Eshityapsanmi? Yur, endi ketdik.

Adir oralab shildirab oqib turgan tiniq suvga yetganimizda Duyshen mehribonlik bilan menga qarab:

– Otdan tushib yuvinib olsang-chi! – dedi. Keyin choʻntagidan sovun olib menga uzatdi, – Men nariroq borib otga oʻt yedirib turay, yechinib suvga tushib yuvinib ol. Hammasini unut qil, zinhor xayolingga keltirma endi. Choʻmilib ol, Oltinoy, yengil tortasan, xoʻpmi?

Xoʻp deganday bosh irgʻadim. Duyshen nari ketib, koʻrinmay qolgan edi, yechindim, seskana-seskana suvga tushdim. Oq, koʻk, yashil, qizil toshlar suv tagidan menga koʻz tashlab qarab turishardi. Koʻm-koʻk, toshqin suv toʻlqini toʻpigʻimga kelib urilib nimalarnidir vijirlab gap ochdi. Hovuchlab suv olib koʻkraklarimga sepdim. Badanimdan muzday suv oqib tushganini koʻrib shuncha kundan buyon birinchi daf’a beixtiyor kulib yubordim. Yayrab-yayrab kuldim! Yana anchagacha ustimga suv quyib turdim-da, keyin suvning chuqur joyiga oʻzimni tashladim. Suv oqimi bir zumda meni yana sayoz joyiga olib chiqib qoʻydi, men boʻlsam yana oʻrnimdan turib, hadeb oʻzimni qaynab koʻpiklanib turgan oqimga otaman.

– Suvjon, shu kunlarning hamma shaltoq, ifloslarini yuvib ket! Meni oʻzingday halol va musaffo qil! - deb shivirlab, oʻzimdan-oʻzim kulamanu, lekin nimadan kulganimni oʻzim ham bilmayman...

Oh, qani endi odamzodning bosgan izlari bir umr oʻchmasaydi! Duyshen ikkimiz togʻdan tushib kelgan soʻqmoq yoʻlni topolsam, sajda qilib, muallimning bosgan izlarini oʻpardim. Bu soʻqmoq men uchun hamma yoʻllardan ham aziz. Menga yangi hayot bagʻishlagan, yangi umid-orzular hadya qilgan, yorugʻ dunyoga chiqargan oʻsha kun, oʻsha soʻqmoq, oʻsha yoʻl xayrli boʻlsin... Oʻsha quyoshga ming bor rahmat, oʻsha zamon tuprogʻiga ofarin...

Ikki kundan keyin Duyshen meni stansiyaga olib bordi. Bu voqeadan keyin ovulda qolishga koʻnglim ham boʻlmadi. Yangi hayotga yangi joyda qadam qoʻyish kerak edi. Bu qarorim ovuldagilarga ham ma’qul boʻldi. Sayqal buvim bilan Qartangboy otam meni kuzatib borishdi, ular koʻzlarida yosh, yoʻlimga atashgan tugun, xaltalarini koʻtarib, bolalarday yelib-yugurib yurishardi. Men bilan xayr-xoʻshlashgani boshqa qoʻshnilarimiz ham, tajang Satimqul ham yetib keldi. U:

– Xayr endi, bolam, xudo seni oʻz panohida saqlasin, oy borib, omon qayt! Oʻzingni dadil tut, Duyshenning yoʻrigʻidan chiqmasang, baraka topasan. Bizlarning ham uncha-munchaga aqlimiz yetadigan boʻlib qoldi, deb oq yoʻl tilab qoldi.

Maktabimiz bolalari brichka aravaning orqasidan ancha yergacha yugurishib kelib, uzoq vaqt qoʻl silkib xayrlashib turishdi.

Meni bir nechta yetim bolalarga qoʻshib, Toshkentga, bolalar uyiga joʻnatishdi. Stansiyada bizni charm kurtka kiygan bir rus ayoli kutib oldi.

Stansiyaga kechga yaqin yetib keldik. O, aylanay sendan, koʻklam maysa, terakzor stansiyam! Yuragimning yarmini bir umr oʻsha yerda qoldirib ketgan boʻlsam kerak...

Bir ozdan keyin poyezd ham yetib keldi. Bizning ayrilishimizni bilgandek, moʻralab qarab turgan sarvqomat teraklar kechki shamolda tebranib, bir-biriga allanimalarni shivirlab, oh tortib, hasrat qilganday boʻlishdi. Duyshen har qancha sabr-qanoatli boʻlsa ham, bu gal oʻzini bosib turishga urinib, sir boy bermaslikka harakat qilsa ham, yurak dardini yashira olmadi: uning koʻnglidan nimalar oʻtayotganini, baribir, oʻzim ham bilib turgandim. Mening tomogʻimga ham olovday bir narsa kelib tiqilib qoldi. Duyshen tikilganicha koʻzini mendan uzolmay, yuz-koʻzlarim, tugmalarimgacha silab turaverdi.

– Seni bir umr yonimdan siljitmasdimku-ya, Oltinoy, - dedi u. – Lekin, nima qilay, seni oʻqishdan qoldirishga haqqim yoʻq-da. Oʻzim ham uncha savodli emasmanki... Nima boʻlganda ham, oʻqishga ketganing ma’qul! Oʻqib yaxshi oʻqituvchi boʻlasan, maktabimiz esingga tushgan kezlari hali rosa kularsan ham... Mayli, iloyim tilagan tilagimga yetkazsin...

Shu orada darani yangratib uzoqdan parovoz ovozi eshitildi, poyezd chiroqlari ham koʻrinib qoldi. Stansiyadagi odamlar yuklarini koʻtarib qimirlab qolishdi.

– Ana, hozir endi joʻnab ketasan! - dedi titroq ovoz bilan Duyshen, qoʻlimni qattiq siqib. – Baxtli boʻl, Oltinoy, oʻzingga ehtiyot boʻl, ishqilib oʻqish payidan boʻl...

Biron javobga ham tilim bormadi, koʻz yoshlarim boʻgʻib qoʻygandi.

– Yigʻlama, Oltinoy, - deb Duyshen koʻz yoshlarimni artib qoʻydi-da, toʻsatdan bir gap esiga kelib: – Anavi biz ekkan terakchalarni, Oltinoy, men oʻzim parvarish qilaman. Omon boʻlsang, katta odam boʻlib kelganingda, boʻy choʻzib chiroyli boʻlganini koʻrarsan hali.

Shu payt poyezd ham yetib keldi, sharaq-shuruq qilib vagonlar bir-biriga urilib toʻxtadi.

– Qani endi, xayrlashaylik, beri kel, manglayingdan bir oʻpay! – Duyshen meni qattiq quchoqlab peshonamdan oʻpdi. – Eson-omon boʻl, oq yoʻl senga, baxting ochilsin, chirogʻim! Hech nimadan qoʻrqma, dadil qadam bos!

Bir sakrab vagon zinapoyasiga chiqdim-da, orqamga qayrilib qaradim. Singan qoʻlini boʻyniga osib olgan Duyshenning bilinar-bilinmas koʻz yoshi aralash menga termulib qarab qolgani hech koʻz oldimdan ketmaydi. Keyin menga qarab talpingan edi, shu onda poyezd oʻrnidan qoʻzgʻalib joʻnadi.

– Xayr, Oltinoy! Xayr, chirogʻim! - deb qichqirdi u.

– Xayr, muallim, xayr, aziz ustozim!

Duyshen vagon bilan yonma-yon yugurib boraverdi, keyin orqada qoldi, bir vaqt oʻzini yana zarb bilan oldinga tashlab:

– Oltinoy! - deb baqirib yubordi. Menga muhim bir gapni aytolmay qolganiga oʻksinib baqirdi. Yuragining eng teran yeridan chiqqan bu nido hali-hali qulogʻimdan ketgan emas...

Poyezd tunneldan chiqib, toʻgʻri yoʻlga tushib oldi, tobora tezlashib Qozogʻiston qir-dalalaridan meni yangi hayot sari olib ketdi...

Xayr muallimim, xayr, birinchi maktabim, xayr, bolalik chogʻim, xayr, yer ostida koʻzi ochilmay qolgan tiniq buloq singari, pinhon sof muhabbatim...

Ha, Duyshen orzu qilib bizlarga tasvirlab bergan katta shaharda, derazalari katta-katta maktablarda oʻqidim. Rabfakni bitirganimdan keyin, meni Moskvaga institutga yuborishdi.

Shu uzoq oʻqish yillari har gal boshimga mushkul ish tushib, umidsizlik meni yengmoqchi boʻlib hamla qilganida, eng qiyin daqiqalarda Duyshenni koʻz oldimga keltirardim, uning tayinlab aytgan gaplari menga madad berib, olgʻa undar, tisarilishimga qoʻymasdi. Odamlarning bir oʻqib miyasiga quyib olgan narsalari menga juda zoʻr mashaqqatlar bilan nasib boʻlardi. Nega deganda, menga hamma darslarni boshidan boshlashga toʻgʻri keldi.

Rabfakda oʻqib yurgan chogʻimda muallimimga maktub yuborib, unda oshkora muhabbat izhor qildim, sizni kutishga ahd qilganman, deb xabar qildim. Lekin, afsuski, xatimga javob ololmadim. Shu-shu xat yozib turishimiz ham toʻxtab qoldi. Nazarimda u oʻqishimga xalaqit bermaslik uchun mendan ham, oʻz huzur-halovatidan ham voz kechdi shekilli. Balki, bu qilgan ishi toʻgʻridir... Ehtimol, boshqa sababi bordir?.. Oʻshanda ozmuncha qon yutmadim, boshimga ne-ne xayollar kelmadi...

Birinchi dissertatsiyamni Moskvada yoqladim. Men uchun bu katta jiddiy yutuq edi. Ana oʻsha yillari oʻzim oʻqish bilan ovora boʻlib ketib, ovulga borishga hech iloj topolmadim. Shu oʻrtada urush boshlanib qoldi. Kech kuzakda Moskvadan Frunzega evakuatsiya qilinib ketayotganimizda oʻsha muallimim meni birinchi marta oʻqishga joʻnatgan stansiyada poyezddan tushib qoldim. Baxtimga, ovulimiz yonidan sovxozga oʻtib ketadigan bir arava ham uchrab qoldi.

O, jondan aziz Vatanim, sen bilan ogʻir jangu jadal kunlarida uchrashish nasib boʻldi. Yurtimning obod boʻlganini koʻrib, quvondim. Yangi-yangi ovullar paydo boʻlibdi, yangi-yangi koʻchalar ochilibdi, yangi koʻpriklar bino boʻlibdi... Lekin urush dilni siyoh qilib turibdi-da.

Ovulga yaqinlashgap sari yuragim qiniga sigmay, tipirchilay berdi.

Uzoqdan yangi-yangi, notanish koʻchalar, uy va bogʻlarga koʻz tashlab kelyapman. Oʻsha maktabimiz turgan tepalikka koʻzim tushdi-yu, yuragim shuv etib ketdi – tepalikda ikki azim terak yonma-yon qad koʻtarib, shamolda chayqalib turishibdi. Shu onda butun umrim boʻyi «muallim» deb atab kelgan odamimning oʻz nomini birinchi marta tilga oldim:

– Duyshen! – deb shivirlab qoʻydim. – Duyshen, qilgan hamma yaxshiliklaring uchun rahmat! Esingdan chiqarmabsan, demak, oʻylab yuribsan... Ofarin, sendek sadoqatli zotga!..

Aravakash bola koʻz yoshlarimni koʻrib:

– Nima boʻldi sizga, opa! – deb tashvishlanib soʻradi.

– Ha, hech nima! Bu kolxozda biron kishini taniysanmi?

– Boʻlmasam-chi! Hammalari oʻz odamlarimiz.

– Duyshenni bilasanmi, muallim bor edi-ku?

– Duyshen deysizmi? U armiyaga ketgan-ku. Oʻzim uni shu aravada voyenkomatga oborib qoʻygandim.

Ovulga burilishda boladan, aravangni toʻxtat, deb iltimos qildim, aravadan tushdim. Yerga tushib oʻylanib turib qoldim. Shu ogʻir kunlarda tanish qidirib, meni taniysizmi, men falonchi boʻlaman, deb uyma-uy yurishni oʻzimga ep koʻrmadim. Duyshen boʻlsa armiyada ekan. Innaykeyin, kelinoyim bilan amakim bor joyga qadam bosmaganim boʻlsin, deb ont ichgandim. Odamzodning koʻp gunohlarini kechirish mumkin, lekin bunaqangi yovuzlikni hech kim ham kechirmas, amakim bilan kelinoyimga qoramni koʻrsatish niyatim ham yoʻq edi. Yoʻldan burilib tepalikka – qoʻshterak yoniga qarab ketdim.

Eh, teraklar, jon teraklar! Qancha-qancha suvlar oqib oʻtdi-yu, u mahalda sizlar koʻm-koʻk koʻchat edingiz! Mana, endi sizlarni ekkan, voyaga yetkazgan odamning hamma orzu-istaklari, aytgan gaplari roʻyobga chiqdi. Nega ma’yus koʻrinasiz, shovullab nimadan qaygʻurasiz? Yo qish yaqinlashib qoldi, izgʻirin shamollar yaproqlarimizni toʻkib yuboradi deb, shuning tashvishini qilyapsizmi? Yo boʻlmasa xalqning gʻam-gʻussasi, qaygʻu-alami shox-shabbalaringizni zirqiratyaptimi?

Ha, hali izgʻirin qish ham keladi, bebosh boʻronlar ham boʻladi, lekin bahor ham keladi...

Kuzgi yaproqlaraing shovullashiga uzoq vaqt quloq solib turdim. Teraklar yonidan oʻtgan ariqlarni kimdir yaqinda tozalab qoʻyibdi: yerda oyoq, ketmon izlari bor. Ariq toʻla limmo-lim tiniq suv, uzilib tushgan sap-sariq terak barglari suv yuzida qalqib turibdi.

Tepalikdan maktabning boʻyalgan tunuka tomi koʻrinib turardi, ilgarigi maktabimizdan nomu nishon ham qolmabdi.

Tepalikdan tushib, yoʻlda uchragan brichka aravada stansiyaga qarab ketdim.

* * *

Urush tugab, gʻalaba kunlari ham yetib keldi. Xalq ozmuncha qora kunlarni boshidan kechirdimi? Bolalar maktabga otalarining polevoy sumkalarini koʻtarishib yugurib ketishardi. Erkaklar qaytib yana mehnatga kirishib ketdilar, beva qolgan xotinlar koʻz yoshi toʻka-toʻka, oxiri taqdirga tan berishdi; qarindosh-urugʻ, aka-ukalarini, erlarini umid bilan zoriqib kutganlar ham koʻp boʻldi. Axir, hamma birdan qaytmadi-da.

Duyshenning holi nima kechganini bilolmay dogʻda yurdim. Ovulimizdan shaharga kelib-ketib yurganlar, Duyshen bedarak boʻlib ketdi, sel'sovetga shunday qogʻoz kelganmish deyishdi.

– Kim bilsin, balki oʻlgandir, – deb tusmol ham qilishdi. – Bedarak ketganiga, axir, ozmuncha vaqt boʻldi-mi... deyishdi.

«Demak, muallimni qaytib kelmas ekan-da, deb ba’zi-ba’zida xayolimdan oʻtkazib qoʻyardim. Oʻsha stansiyada xayrlashganimizdan buyon diydor koʻrishish nasib boʻlmabdi-ya...»

Har zamon-har zamon oʻtmishimni xotirlabmanu, yuragim gʻam-gʻussaga toʻlib-toshay deb qolganini payqamay yuravergan ekanman.

Qirq oltinchi yili kech kuzakda Tomsk universitetiga ilmiy komandirovkaga joʻnab ketdim.

Sibir' yerlariga birinchi marta qadam qoʻyishim edi. Oʻsha qish oldi kezlarida Sibirning qahri kelganu oʻzi gʻamgin koʻrinardi. Asrlarni koʻrgan oʻrmonlari derazadan qop-qora devorday tuyuladi. Oʻrmonlar oraligʻidagi sayhon joylarda moʻrisidan oq tutun burqirab turgan, tomlari qora qishloqchalar koʻzga tashlanib turadi. Muz qotgan dalalarga birinchi qor tushganu, havoda qargʻalar toʻp-toʻp boʻlib qagʻillab parvoz qilib yurishibdi. Osmonning qovogʻi soliq.

Poyezdda vaqtim chogʻ ketyapman. Kupemizdagi hamrohlarimizdan biri frontdan kelgan qoʻltiqtayoqli nogiron yigit harbiy hayotdan qiziq-qiziq voqealar va latifalar aytib kuldirgani-kuldirgan. Ajoyib-gʻaroyib gaplarga shunday ustaki, beozor askiyalari ham xuddi chinday boʻlib koʻrinadi, vagondagilarning hammasi uni yaxshi koʻrib qolishdi.

Novosibirskdan oʻtganimizda poyezdimiz qandaydir raz’ezdda bir minutcha ushlanib qoldi. Men deraza yonida haligi yigitning shoʻxligiga qarab kulib turgandim.

Poyezd oʻrnidan qoʻzgʻalib, jadallashdi, stansiyadagi yakka uy deraza oldidan suzib oʻtganday boʻldi, strelkachiga koʻzim tushganda derazadan shartta orqamga tisarildimu, shu zahoti yana oynaga yopishib oldim.

Uni, Duyshenni koʻrib qoldim! U budka yonida qoʻlida bayroqcha tutib turgan edi. Nima boʻlganini oʻzim ham bilmayman.

– Toʻxtating! - deb butun vagonni boshimga koʻtarib baqirdimu, nima qilishimni bilmay, oʻzimni vagon eshigi tomon otdim, shu lahzada koʻzim stop-kranga tushdi, shartta plombasini uzib oldim.

Vagonlar bir-biriga urilib, poyezd birdan tormozlandi, yana shunday shiddat bilan orqasiga tisarildi. Polkalardagi yuklar gumburlab agʻanab tushdi, idish-tovoqlar shaqirlab ketdi, bolalar bilan xotinlarning yigʻisi eshitildi. Kimdir vahimadan ovozi boʻgʻilib:

– Poyezd odamni bosib ketibdi! - deb baqirib yubordi.

Men boʻlsam vagon zinapoyasidan sakradim, nazarimda jahannamga agʻanab-tushganday boʻldim, koʻzimga hech narsa koʻrinmay qoldi, aql-hushini yoʻqotgan odamday strelkachining budkasiga –Duyshenning yoniga yugurdim. Orqamdan konduktorning hushtagi eshitildi. Vagonlardan odamlar sakrab tushib, ular ham orqamdan yugurishdi.

Bir nafasda poyezdning u boshiga borib yetdim. Duyshen ham menga qarab chopib kelyapti.

– Muallim, jonim Duyshen! – deb baqirdimu, oʻzimni uning bagʻriga otdim.

Strelkachi menga qarab hayron boʻlib toʻxtab qoldi. Duyshenning xuddi oʻzginasi, yuz-koʻzlari quyib qoʻyganday, lekin ilgari moʻylov qoʻyib yurish odati yoʻq edi, oʻzi ham ancha keksayib qolibdi.

– Sizga nima boʻldi, singlim, nima gap? - deb mehribonlik bilan soʻradi u qozoq tilida. – Yanglishdingiz shekilli. Strelkachi Jongazin boʻlaman, otim Beynov.

– Beynov?

Alamim zoʻridan, uyalganimdan dodlab yuborishimga sal qoldi, zoʻrgʻa oʻzimni bosib oldim, yer yorilmadi-yu yerga kirmadim.. Nima noma’qulchilik qilib qoʻydim? Yuzimni qoʻllarim bilan berkitib, boshimni xam qildim. Bu kunimdan koʻra yer yuta qolsa boʻlmasmidi meni! Strelkachidan uzr soʻrab, xalqdan kechirim soʻrashim kerak edi, men boʻlsam xuddi tosh qotganday, damim ichimga tushib turaveribman. Yugurib kelgan yoʻlovchilar ham nima sababdandir jim turishardi. Oʻzim boʻlsim, hozir baqirib rosa soʻkishadi men betamizni, deb kutib turibman. Lekin hech kim miq ham etmadi. Mana shu mudhish jimlikdan qandaydir bir xotin:

– Bechora shoʻring qurgʻurning koʻziga eri, yo ukasiga oʻxshab koʻringanda! – dedi. Odamlarga jon kirdi:

– Muncha vahima qilmasa, – deb birov toʻngʻillab qoʻydi.

– Muncha yozgʻirmasangiz, axir, bu kasofat urushda ne-ne kunlar boshimizga tushmayapti deysiz...– deb shartta kesib gap qaytardi bir ayol.

Strelkachi qoʻllarimni yuzimdan olib:

– Qani yuring, vagoningizga olib borib qoʻyay, sovuqda qoldingiz, - dedi. Shunday deb qoʻlimdan ushlab oldi. Bir tomonimdan yana bir ofitser ushladi.

– Yuring, grajdanka, hechqisi yoʻq, xafa boʻlmang, - dedi.

Odamlar yoʻl berishdi, meni xuddi dafn marosimidagiday ikki qoʻltigʻimdan ushlab borishdi. Bizlar sekin qadam tashlab oldinda boramiz, qolgan hamma kishilar ketimizdan borishardi. U yoq-bu yoqdan yugurib kelayotgan yoʻlovchilar ham bizga qoʻshilishib borishardi. Kimdir tivit roʻmolini yelkamga tashladi. Kupedagi qoʻltiqtayoqli hamrohimiz yon tomonda oqsoqlanib borardi. U sal oldinga oʻtib yuzimga bir qarab oldi. Xushchaqchaq, mehribon va dovyurak bu shoʻx yigit nima uchundir bosh yalang, nazarimda, koʻzlaridan miltillab yosh oqib ketyapti. Buni koʻrib mening ham koʻzim yoshlandi. Poyezd boʻylab ohista qadam tashlab boryapmiz, telegraf simyogʻochlarining hushtak chalib guvillashlari qulogʻimga xuddi marsiyaday eshitilardi. «Yoʻq, endi uni koʻrish menga nasib boʻlmaydi».

Vagonimiz yonida bizni poyezd boshligʻi toʻxtatdi. U barmogʻini menga bigiz qilib, bir nimalar deb baqirar, sud javobgarligi, jarima haqida nimalarnidir jahl bilan gapirardi. Men boʻlsam bu gaplarga e’tibor ham bermadim, shu paytda dunyoni suv olib ketsa toʻpigʻimga ham chiqmasdi. U protokolini qoʻlimga tutqazib, qoʻl qoʻydirib olmoqchi boʻldi. Men boʻlsam qalam olishga ham madorim yoʻq. Shu paytda haligi hamrohimiz uning qoʻlidan qogʻozni yulib olib, qoʻltiqtayoqlab tumshugʻining tagiga borib yuziga baqirdi:

– Tinch qoʻysang-chi, uni! Men qoʻl qoʻyaman, stop-kranni uzgan men boʻlaman, javobini oʻzim beraman...

Qech qolgan poyezd Sibir' yeridan, qadimgy rus oʻlkasidan gʻizillab boradi. Tun qorongʻisida qoʻshnimning gitarasidan mungli kuy sadolari yangraydi.

* * *

Yillar ketidan yillar keldi. Turmush oʻz yoʻlidan qolmay, porloq kelajak va uning katta va kichik gʻam-tashvishlari bir umr da’vatini bas qilmadi. Yoshim bir joyga borib qolganda erga chiqdim. Umr yoʻldoshim tuzuk, bama’ni odam, bolalarimiz bor, oilamiz ahil, apoq-chapoqmiz. Oʻzim falsafa fanlari doktoriman. Tez-tez safarda boʻlaman. Juda koʻp mamlakatlarda boʻldim.... Oʻsha-oʻsha ovulimizga bormagandim. Buning oʻziga yarasha ancha-muncha sabablari bor edi, albatta. Lekin oʻzimni oppoq qilib koʻrsatish niyatim yoʻq. Ovulim bilan bordi-keldim uzilib qolganligi yaxshi emas, bunda oʻzimni gunohkor deb bilaman. Lekin peshonamga yozilgani shu ekanmi...

Men oʻtmishimni unutib yuborganim yoʻq, unutib yuborishga qurbim ham kelmasdi. Yoʻq, undan qandaydir uzoqlashib qoldim, xolos.

Togʻlarda shunday chashmalar boʻladiki, yangi yoʻl ochilsa, bu chashmalarga eltadigan soʻqmoq yoʻllar esdan chiqib ketadi, suvsaganda yoʻldan burilib boradigan yoʻlovchilar tobora kamayadi, shu bilan bu chashmalarni yalpiz yoki na’matak bosib ketadi. Keyin bora-bora yoʻlovchilar koʻziga koʻrinmay ham qoladi. Bunday chashmalar onda-sonda birontaning esida qolib jazirama issiq kunlarda tashnasini qondirish uchun yoʻldan burilib chashma boshiga borsa borar. Yoʻlovchi keladi-yu, oʻt bosib ketgan chashmani qidirib topadi. Giyohlarni amallab ochadi-yu, hayratidan «oh!» deb yuboradi: allaqachonlardan buyon hech kim loyqalatmagan, muzdek buloq suvining tiniqligi va chuqurligini koʻrib hayratda qoladi, buloqda u oʻzini ham, quyoshni ham, osmonni ham, togʻ-toshlarni ham koʻradi... Koʻradi-yu, shunday joylarni bilmaslik gunoh, yor-birodarlarni ham bundan xabardor qilish kerak, deb koʻnglidan oʻtkazib qoʻyadi. Shunday deb oʻylaydi-yu, yanagi safargacha oʻzi ham esidan chiqarib qoʻyadi.

Ba’zan hayotda ham shunday boʻlarkan, shuning uchun ham buning oti hayot boʻlsa kerak...

Bunday chashmalar yaqinda ovulimizga borib kelganimdam keyin esimga tushib qoldi.

Siz oʻshanda meni, nima vajdan birdaniga Kurkuredan ketib qoldiykin deb hayron boʻlgandirsiz? Hozir sizga yorilib aytgan dardlarimni oʻshanda odamlarga aytsam boʻlmasmidi? Yoʻq, oʻshanda koʻnglim juda buzilib, nomus kuchlilik qildi, oʻzimdan-oʻzim uyalib ketdim, shu vajdan darhol joʻnab keta qoldim. Mundogʻ, yuragimga quloq solib koʻrsam, Duyshen bilan diydor koʻrishgulik holim yoʻq, koʻziga tik boqib qarolmasdim. Oʻzimni bosib, yurak toʻlqinimni tinchitishim kerak edi, fikr-oʻylarimni bir joyga toʻplab, faqat ovuldoshlarimga emas, yana boshqa koʻpdan-koʻp doʻstlarimga aytmoqchi boʻlgan gaplarimni yaxshilab oʻylab bir qarorga kelishim zarur edi.

Oʻzimni gunohkor his qilganimning yana bir boisi shuki, bu izzat-ikromlar menga emas, boshqa bir zotga atalishi kerak edi. Yangi maktab ochish marosimida men emas, boshqa bir zotni toʻrga oʻtqazish lozim edi. Bunga hammadan avval faqat birinchi muallimimiz, ovulimizning birinchi kommunisti qariya Duyshenning haqi bor edi. Holbuki buning aksi boʻldi. Biz hammamiz toʻkin dasturxonda mehmon boʻlib oʻtirdigu, bu bebaho odam shu ulugʻ ayyom kuni ham pochtachiligini qoʻymay, bir zamonlar shu maktabda oʻqib odam boʻlgan talabalarning yuborgan tabrik telegrammalarini maktabning ochilish vaqtiga yetkazish tashvishida yurdi.

Bu ittifoqo sodir boʻlgan voqea emas. Bunday hodisalarni men oʻzim koʻp koʻrganman. Shuning uchun ham men oʻz-oʻzimga savol beraman: oddiy kishilarni Lenin singari astoydil izzat-hurmat qilish odatimizni, ajabo, qachon tark qilib qoʻydik?.. Xudoga shukur, hozir bu narsalar haqida riyokorlik, tilyogʻlamalik qilmay, roʻyirost gapiradigan boʻlib qoldik. Bu jihatdan ham Leninga yanada yaqinroq boʻlib olganimizdan oʻzimizni ming bor baxtiyor his qilamiz.

Oʻz zamonasida Duyshenning qanday muallimlik qilganidan yoshlar bexabar. Kattalardan koʻplari dunyodan oʻtgan. Duyshenning shogirdlaridan koʻplari urushda halok boʻlib ketishdi, ular chinakam sovet jangchilari edilar.

Muallimim Duyshenning qissasini yoshlarga yetkazishni oʻz burchim deb bilardim. Mening oʻrnimda har qanday kishi boʻlganda ham shunday qilardi, bu turgan gap. Lekin, afsuski, ovuldan uzilib qolgandim! Duyshendan ham xabar topolmay, bora-bora uning siymosi xotiramda sokin muzeyxonalarda saqlanadigan aziz yodgorlikday boʻlib qoldi.

Hali muallimim huzuriga borib, gunohimni boʻynimga olib, undan kechirim soʻrashim bor. Yolvorib, uzr soʻrayman.

Moskvadan qaytib kelganimdan keyin Kurkurega borish niyatim bor; odamlarga yangi internat-maktabga «Duyshen maktabi» deb nom qoʻyishni taklif qilmoqchiman. Internat-maktabga hozir pochtachilik qilib yurgan shu oddiy kolxozchining nomini qoʻysak deyman. Siz ham, ovuldosh doʻstim, mening bu taklifimni quvvatlarsiz, deb umid qilaman. Oʻylayman, iltimosimni yerda qoldirmassiz.

Moskvada hozir tun, soat bir. Mehmonxona balkoniga chiqib, osmondagi yulduzlarday charaqlab turgan bepoyon Moskva chiroqlarini tomosha qilib, ovulimga borsam, muallimim bilan koʻrishib, oppoq soqollaridan oʻpsam, deb xayol surib turibman.

* * *

Derazalarni lang ochib qoʻydim. Uyga rohatijon havo oqib kirdi. Yorishib borayotgan koʻkish tong nurida boshlab qoʻygan etyud va xomaki suratlarimni koʻzdan kechirib turibman. Bunday suratlarim koʻp, bir necha marta hammasini yangidan boshlagan paytlarim koʻp boʻlgan. Lekin yaxlit bir surat haqida fikr aytishga hali erta. Eng muhim narsani hali topganimcha yoʻq. Tong sukunatida xayol surib qadam tashlab yuribman, hech oʻyimning oxiriga yetolmayman. Har gal ham shu kayfiyatda oʻtadi. Har gal, suratim hali xayol pardasidan chiqmagan, deb oʻzimni qattiq ishontiraman.

Shunday boʻlsa ham, hali alvonga tushmagan suratim ustida sizlar bilan gaplashish niyatim bor. Maslahatlashmoqchiman. Bu suratim ovulimizning birinchi ustozi, birinchi kommunist qariya Duyshenga bagʻishlanadi, buni albatta bilib turibsiz.

Lekin murakkab hayot, muqaddas kurashni, turli-tuman taqdir va insonlik hislarini boʻyoqlar bilan ifoda qilish qoʻlimdan kelarmikin, shu tomonini hali oʻzimcha tasavvur qilolmay yuribman. Bu limmo-lim toʻla kosani chayqatmay, bir qatrasini ham zoye ketkazmay siz zamondoshlarimga yetkazishning iloji qanday boʻlarkin? Niyatimni sizga yetkazish bilan birga, uni hammamizning ijodimizga aylantirish uchun nima qilsam boʻlarkin?

Bu suratni chizmaslikka ilojim yoʻq, lekin shuncha oʻy-xayollar, andisha-yu anduhlar meni qamrab olganki! Ba’zan oʻylab oʻtirib, bu niyatimni bunyodga chiqarish qoʻlimdan kelmas, degan umidsizlik meni yengganday boʻladi. Ba’zan boʻlsa qayoqdan ham taqdir qoʻlimga rassom qalamini tutqazdi, deb yana bir hayajonga tushaman. Qanday azob, qanday nadomat kunlarga qoldim oʻzim!

Ba’zan bilaklarimga qon toʻlib, oʻzimni shu qadar baquvvat his qilamanki, togʻni talqon qilish ham hech gap boʻlmay qoladi menga. Shunday kezlarda: razm sol, oʻrgan, sarasini sarakka chiqar, deb xayol surib ketaman.

Duyshen bilan Oltinoy qoʻshteragini suratga sol, axir, sen bu teraklar qissasini bilmasang ham, yoshligingda senga ozmuncha huzur bagʻishlaganmi! Oftobda unniqib ketgan yalang oyoq bolaning suratini sol. U bola balandga chiqib terak shoxiga oʻtirib, uzoq-uzoqlarga zavq bilan koʻz tashlab turibdi.

Yoki bir surat solib, unga «Birinchi muallim» deb nom qoʻy. Bunda Duyshen bolalarni qoʻliga koʻtarib suvdan oʻtkazib turgan boʻlsinu, qip-qizil pochapoʻstin kiygan, semiz-semiz oʻynoqi ot mingan anavi toʻpos odamlar xoʻrlashib, uni mayna qilishayotgan boʻlsin...

Yo boʻlmasa muallimning Oltinoyni shaharga kuzatib turganini tasvirla. Oxirgi marta yuragidan nido chiqarib xayrlashgani esingdami? Shu lahzani shunday ajoyib suratga tortginki, surating Oltinoyning qulogʻi tagidan hali ham ketmagan Duyshen nidosi singari har bir kishining yuragidan aks-sado topsin.

Oʻzimga-oʻzim shunday deyman. Oʻzimga-oʻzim ancha gaplarni ma’qullaymanu, lekin hammasi ham roʻyobga chiqavermaydi-da... Suratim qanday chiqishiga hozir ham koʻzim yetmaydi, lekin bir narsaga qattiq ahd qilganman: izlanaman.

1962 йил