OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifChingiz Aytmatov
Asar nomiBoʻtakoʻz (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Qirgʻiz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Chingiz Aytmatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm79KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/17
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Чингиз Айтматовнинг «Танланган асарлар»и 1-жилдидан олинди («Шарқ» нашриёт-матбаа акциядорлик компанияси Бош таҳририяти, Тошкент – 2009)


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boʻtakoʻz (qissa)
Chingiz Aytmatov

Birinchi bob

Bulokdan endigina yarim chelak suv olgan ham edim-ki, dasht boʻylab kuchli qiyqiriq yangradi:
— He-ey-ey! Akademik, tumshugʻingga tushirama-an!

Men qulogʻimni ding qilib, toshday qotib turardim. Aslida ismim Kamol, bu yerda Akademik deb laqab qoʻyishgan edi. Ha, oʻylaganimday boʻlib chiqdi. Narigi tomondan traktorning «tir-r» etgan ovozi eshitilmasdi. Tumshugʻimga tushirmoqchi boʻlgan odam oʻsha, Abubakir. U yana dagʻdagʻa solib rosa soʻkadigan boʻldi-da, hatto musht koʻtarishdan ham qaytmaydiganlardan u. Suv yetkazib berishga ulgura olmayapman, traktorlar ikkita, men boʻlsam yakka oʻzim. Shunga qaramay, manovi yakka ot-aravada ularga suv ham, yonilgʻi ham, moy ham, yana boshqa balo-battarlarni yetkazib berishim kerak. Traktorlar boʻlsa bu atrofda yakka-yu yagona hisoblangan buloqdan tobora uzoqlashib borardi. Ular yonilgʻi sisternalari saqlanadigan birdan-bir shiyponimizdan borgan sayin olislashib ketmoqda. Shiyponni yaqinroqqa koʻchirishga urinib koʻrdik, ammo qayokda deysiz, u ham suv bilan bogʻliqda. Abubakirga oʻxshaganlar boʻlsa buni tushunishni istamaydi: «Tumshugʻingga solaman! — deb baqirgani-baqirgan. — Mening bu yerda ogʻzidan soʻlagi oqib yurgan landavur studentni deb bekorga vaqt oʻtkazishga toqatim yoʻq», — deydi.

Men esa u oʻylagandek student ham emasman. Hatto institutga kirishni xayolimga ham keltirmaganman. Maktabni tugatishim bilanoq shu yerga — Anorxoy dashtiga kelgan edim. Bizni bu tomonga yuborayotganlarida majlisda hammamizni, shu jumladan meni ham: «Qoʻriq yerlarni zabt etuvchi dongdorlar, yangi oʻlkalarni kashf etuvchi qoʻrqmas tashabbuskorlar!» deb atashgan edi. Dastlab shunaqa edik, endi-chi?.. Aytishga ham uyalasan kishi: «Akademik». Bu laqabni menga Abubakir qoʻygan. Bunga oʻzim aybdorman. Koʻnglimdagini yashira olmayman, xuddi yosh boladek oʻz-oʻzimga gapirib, xayollarga berilib ketaman, keyin odamlar mendan kulib yurishadi. Lekin ular buning uchun men emas, mendan koʻproq tarix oʻqituvchimiz, oʻlkashunos Oldiyorov aybdor ekanini bilsalar edi... Shu oʻqituvchimizning gapiga kirib, endi rosa ta’zirimni yeyapman...

Shu asnoda, bochkani toʻldyrmasdanoq soylik boʻylab yoʻlga tushdim. Aslini aytganda, bu yerlarda sira yoʻl boʻlmagan. Bu yolgʻizoyoq yoʻlni ham aravada qatnayverib, oʻzim ochganman.

Qoramtir, keng dala etagida traktor turibdi. Uning kabinasi ustida Abubakir oʻtiribdi. U havoda mushtini oʻynatib, hamon meni soʻkar, goʻrdan olib, goʻrga tiqardi.

Men otga qamchi bosdim. Bochkada suv chayqalib yelkamga sachrar, ammo men buni pisand qilmay, otni battar qamchilar edim. Abubakir hozir ta’zirimni bersa kerak. Bu yerga yuborishlarini oʻzim iltimos qilganman. Hech kim meni majbur etgani yoʻq. Boshqa yigit-qizlar Qozogʻistonga, gazetalarda yozilayotgan haqiqiy qoʻriq yerlarga ketishgan. Men boʻlsam bir oʻzim Anorxoy dashtiga kelibman. Bu yerda shu yil bahorda birinchi marta ish boshladilar. Shunda ham atigi ikkita traktor bilan ishga kirishildi. Oʻtgan yili agronom Sorokin — u bu yerda hammamizning boshligʻimiz hisoblanadi — bir yerga bahori arpa ekib, sinab koʻrgan ekan. Aytishlariga qaraganda, hosil yomon boʻlmabdi. Agar ish shu zaylda davom etsa, ehtimol Anorxoy dashtida yem-xashak masalasini hal qilish mumkin boʻlib qolar.

Biroq hozircha ehtiyotkorlik bilan ish koʻrish kerak. Anorxoy saratonda qaqrab ketadi: hatto tikanlar ham turgan joyida qovjirab qoladi. Erta kuzda mol-larini shu yerga qishlovga haydab kelgan kolxozlar esa hali ekish-tikishni boshlamay «qani koʻraylik-chi, boshqalar nima qilarkin», deb kutib turadilar. Bu-ning ustiga, biz bu yerda ozmiz, bor-yoʻgʻi: ikki traktorchi, ikki pritsepchi, oshpaz ayol, suv tashuvchi, ya’ni men va agronom Sorokin. Qoʻriq yerlarni zabt etuvchilar armiyasi mana shulardan iborat. Kim bilsin, ehtimol bizning haqimizda hech narsa bilmas, biz ham olamda nimalar boʻlayotganidan bexabarmiz. Goho Sorokinga biror yangilik topib kelardi. U otda yaqin atrofdagi choʻponlar huzuriga borib, ratsiya orqali boshqalar bilan janjallashib, qilingan ishlardan hisob berar edi.

Gap bunday ekanu men boʻlsam qoʻriq yerlarni, cheksiz dashtlarni koʻraman deb yuribman! Darvoqe, buning hammasiga tarix oʻqituvchimiz Oldiyorov sababchi boʻldi-ya. Shu odam bizga Anorxoy dashtini boplab ta’riflagan edi: «Asrlar boʻyi qoʻl urilmay, Qoʻrday yonbagʻirlaridan tortib to Balxashning qamishzorlarigacha choʻzilib ketgan Anorxoy dashti ermanu shuvoqzorlar bilan bezanib, savlat toʻkib yastanib yotibdi. Afsonalarga qaraganda, qadim zamonlarda uyur-uyur yilqilar Anorxoy tepaliklarida adashib, dom-daraksiz yoʻqolib ketgan. Soʻng yovvoyilashib ketgan otlar toʻdalashib uzoq vaqtlar daydib yurishar ekan. Anorxoy — oʻtmishning tilsiz guvohi, dahshatli janglar maydoni, koʻchmanchi sahroyi qabilalarning makoni. Bizning zamonamizda esa Anorxoy dashtlari boy va saxiy chorvadorlik oʻlkasiga aylantirilishi kerak!..» va hokazo, shunga oʻxshash soʻzlar.

Oʻsha kezlarda Anorxoyni kartadan koʻrish qanday zavqli edi: u kaftdaygina joyni egallab yotardi. Endi-chi? Erta tongdan kechgacha bu la’nati aravani u yoqdan bu yoqqa taraqlatib haydaganim-haydagan. Kechqurun holdan toyib, yuz mashaqqat bilan otni arang aravadan chiqaraman-da, oddiga toy-toy qilib bogʻlanib, mashinada keltirilgan pichandan tashlab qoʻyaman. Soʻng oshpazimiz Addey nima bersa ham yeb olaman-da, oʻtovga kirib mukka tushganimcha toshday qotib uxlab qolaman.

Darhaqiqat, Anorxoy erman-shuvoqzorlar bilan bezanib, savlat toʻkib yotardi. Qani endi, vaqt boʻlsa-yu, bu cheksiz dashtlarni soatlab kezib, uning goʻzalligidan bahramand boʻlsang.

Hammasi ham mayli-yu, ammo bir narsaga hayronman: Abubakirga mening nimam yoqmay qoldi, u meni nega bunchalik yomon koʻradi? Agar bu yerda meni nimalar kutayotganini ilgaridan bilsaydim... Men har qanday tabiiy qiyinchiliklarga chidashga tayyorman. Axir, bu yerga mehmonga kelganim yoʻq-ku. Biroq, negadir, birga yashab, birga ishlashimiz lozim boʻlgan odamlar haqida sira oʻylamagan ekanman, hamma yerda ham odam — odam-ku deganman-da.

Men bu yerga mashinada ikki kunda yetib keldim. Mana bu toʻrt gʻildirakli aravani ham men bilan birga olib kelishdi. Oʻsha paytda uning dastidan shunchalik azob-uqubatda qolishimni xayolimga ham keltirmagan edim.

Axir men bu yerga pritsepchi boʻlaman, deb kelgan edim-ku. Bir bahor traktorda ishlab, uni oʻrganib olib, traktorchi boʻlib qolaman degan orzuda edim. Rayonda ham menga xuddi shunday deyishgan. Mana pgu orzu meni Anorxoyga boshlab kelgan. Bu yerga kelib qarasam, pritsepchilar yetarli ekan, meni suv tashishga qoʻyishdi. Boshdayoq bu ishni rad etib, uyga qaytib ketishim mumkin edi. Nega desangiz, men hozirgacha aravaning shotisini ham, boʻyinturuqni ham ushlab koʻrmagan edim. Umuman pgu kunga qadar hech qayerda ishlaganim ham yoʻq edi. Faqat shanbaliklardagina, qand zavodida onamga koʻmaklashardim. Otam frontda halok boʻlgan ekan. Men uni eslay olmayman. Shuning uchun ham mustaqil hayot boshlashga qaror qilgan edim... Nima boʻlsa ham issigʻida qaytib ketishim kerak edi-ya. Lekin uyaldim. Bu yerga kelish oldidan majlisda qancha duv-duv gap boʻldi, axir. Onam ham rozi boʻla qolmadi; u mening vrach boʻlishimni orzu qilardi. Ammo men oʻz fikrimda qat’iy turib oldim, sizga yordam beraman, deb koʻndirdim. Choʻlga borishga qat’iy bel bogʻlab, tezroq yoʻlga chiqishga oshiqardim. Endi darrov qaytib borsam odamlarning yuziga qanday qarayman? Xullas, aravada suv tashishga toʻgʻri keldi. Ammo boshimga tushgan kulfatlarning boisi bu emas.

Bu yoqqa kelayotganimda yoʻl-yoʻlakay, mashina ustida tik turganimcha chor atrofga suqlanib boqardim, mana, qadimiy afsonaviy Anorxoy dashti! Mashina yassi tepaliklarda, endigina yashil tusga kirib kelayotgan dasht yuzida arang koʻzga chalinib turgan yoʻl boʻylab yeldek uchib borardi. Yerlar qor namidan bugʻlanib yotardi. Nam havoda bulturgi tomirlardan endigina nish urib chiqayotgan Anorxoy yovshonlarining achchiq hidi dimoqqa urilib turardi.

Qarshidan esayotgan shamol keng dashtlikdan tabiatning bir olam shovqinini va sof bahor nafasini olib kelardi. Biz ufq sari yelib borardik, u esa olis-olislarda, maysa bilan qoplangan tepaliklar ostida orqasiga tisarilib, Anorxoy dashtining koʻz ilgʻamas kengliklari sari imlayotgandek, tobora uzoqlashib ketmokda edi. Shunda men goʻyo oʻzimni oʻtmish zamonlarning sadolarini eshitayotganday sezdim. Yer goʻyo ming-ming tuyoqlar ostida larzaga kelib guvillaydi. Sahroyi koʻchmanchilarning son-sanoqsiz otliq askarlari nayza va bayroqlarini koʻtarib okean toʻlqinlari singari dahshatli hayqiriq, gʻala-gʻovur bilan yelib yugurishardi. Koʻz oʻngimda dahshatli jang manzarasi namoyon boʻlardi. Temir jaranglab, odamlar qiy-chuv koʻtarishar, otlar bir-birlarini tishlab, tspishardi. Mening oʻzim ham, qayerdadir, mana shu qaynoq jang ichida yurardim goʻyo... Ammo jang suronlari tinib, bahor fasli kirishi bilan Anorxoy dashtida oq oʻtovlar yoyilib ketar, qishloq ustida tezak tutunlari osmonga oʻrmalar, chor atrofda qoʻton-qoʻton qoʻylar, yilqi podalari oʻtlab yurar, tuya karvonlari qoʻngʻiroqlarini jaranglatib qayoqdandir kelib, qayoqqadir yoʻl olar edi...

Parovozning uzoq-uzoqlarga taralgan choʻziq ovozi meni hushimga keltirdi. Yolini hilpiratib, dumini yoyib, yeldek uchib borayotgan poygachi ot kabi, vagonlar ustiga tutun buruqsitib parovoz oʻtib borardi. U uzokdan mepga xuddi shunday tuyuldi. Poyezd borgan sari kichrayib, qora chizikday boʻlib qoldi va nihoyat koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Biz dashtda joylashgan yakka-yolgʻiz raz’ezd yonidagi temiryoʻlini kesib oʻtib, yana yoʻlimizda davom etdik...

* * *

Manzilga yetib kelgan dastlabki kunlarda oʻzimni osmondan tushib qolganday his qildim. Yoʻlda xayolimni band etgan manzaralar hamon koʻz oʻngimdan ketmasdi. Dala shiyponining yaqinidagi tepalik ustida qadimiy yodgorlik — xotin kishining haykali turardi. Kul rang, qoʻpol yoʻnilgan bu granit parchasi necha asrlar mobaynida yerga chuqur botib, qoʻriqchi singari, yiroqlarga boqib turardi. Uning yomgʻir va shamol ta’siridan lat yeb, bir oz qiyshaygan oʻng koʻzi, qorachigʻi oqib, puchayib qolganday, qovoqlari ostidan xoʻmrayib turishi kishini vahimaga solardi. Men unga uzoq vaqt sinchiklab qarab turdim, soʻng oʻtovga kelib, Sorokindan soʻradim:

Oʻrtoq agronom, sizningcha bu yerga manovi haykalni oʻrnatgan kim?

Sorokin qayoqqadir ketishga otlanayotgan edi.
— Qalmoqlar oʻrnatgan boʻlsa kerak, — dedi u otga mina turib va joʻnab ketdi.

Koshki, u vaqtlarda meni bunday javoblar qanoatlantira olsa! Hali yaxshi tanishib ulgurmagan boʻlsam ham traktorchi va pritsepchilarga murojaat qildim:
— Yoʻq, bu toʻgʻri emas. Qalmoqlar bu yerga oʻn yettinchi asrda kelishgan. Bu qabr ustidagi haykal boʻlsa oʻn ikkinchi asrga mansub. Aftidan, bu xotin haykalini moʻgʻullar gʻarbga qilgan buyuk hujum davrida oʻrnatishgan. Biz qirgʻizlar ham ular bilan birga Yenisey sohillaridan bu yoqqa — Tyan'shan oʻlkalariga kelib qolganmiz. Bizgacha bu yerda qipchoq qabilalari, ularga qadar esa malla sochli, tiniq koʻzli odamlar yashagan.

Tarixni yana ham chuqurroq kovlashtirardim-u, ammo traktor yonida turgan kombinezonli yigit soʻzimni boʻldi. Bu Abubakir edi.
— Hoy, tirrancha! — deb qovoq ostidan menga gʻazabli oʻqraydi u. — Juda olim koʻrinasan. Qani bu yoqqa kel, oʻtovdan shprits bilan tovoqni olib chiq.

Men boʻlsam unga shprits bilan solidolni olib kelibman.
— Eh, akademik! — dedi u mensimagan bir ohangda tishini qisib va qizarib ketgan koʻzlari bilan yeb qoʻygudek boʻlib. — Biz savodsizlarga leksiya oʻqishni bilasan-u, otni tuyadan ajratolmaysan.

Shu-shu «Akademik» boʻlib qoldim. Mana men hozir oʻz aravam bilan Abubakirga yaqinlashmoqdaman, uning jagʻi hamon tinmasdi. U shudgor ichidan loyga botib men tomon yugurib kelayotir.
— Buncha toshbaqaga oʻxshab sudralmasang! Yana qancha kuttirmoqchisan?! Boʻgʻib tashlayman sen itvachchani, ona suti ogʻzidan ketmagan bitta akademik kamaysa kamayibdi-da.

Men traktorga xomushgina yaqinlashdim. Oʻzimni oqlash uchun nima ham deya olardim? Axir, traktor mening aybim bilan toʻxtab qolgan. Xayriyatki, pritsepchi ayol — Qalipa mening yonimni oldi:
— Kel endi, oʻzingni bos, Abubakir! Baqirish-chaqirishdan nima foyda? Uni qara, bechoraning rangida rang qolmabdi. Shoʻrlik juda qiynalib ketib-di — dedi-da, qaltirab turgan qoʻllarimdan chelakni olib, radiatorga suv quya boshladi. — Busiz ham jonini jabborga berib ishlayapti-ku. Koʻryapsanmi, qora terga botib ketibdi...
— Menga nima! — jerkib tashladi Abubakir. — Uyida oʻtirib kitobini oʻqiyversin edi!
— Mayli, bas qil endi! — Tinchitishga urinardi Qalipa. — Muncha badjahl boʻlmasang! Yaxshi emas!
— Agar kishi bunaqalarning hammasini kechiraversa oʻzini baloga qoʻyishi ham hech gap emas. Planning bajarilishini sendan emas, mendan soʻraydilar. Bu xumpar olim jonimni halqumimga keltirayotgani bilan kimning ishi bor, axir!

Mening olimligim muncha dastak boʻlib qoldi. Nega ham oʻqigan ekanman, qayokdan ham tarixchi Oldiyorovni eslay qoldim.

Men bu yerdan tezroq qaytib ketishga shoshilardim. Axir sahroning u burchi ham bizga oʻxshaganlarga muntazir boʻlib turibdi-ku. U yerda traktorchi Sadabek ishlaydi. U yoshi anchaga borib qolgan, jiddiy kishi, jahli chiqsa ham baqirib-chaqiravermaydi.

Orqamdan traktor motorining ovozi eshitildi. Abubakirning traktoriga jon kirib yurib ketdi. Men sal yengil tortib, namiqqan fufaykada junji-kib turardim. Bu Abubakir muncha badjahl, muncha zahar ekan-a? Hali qari ham emas, oʻttizdan sal oshgan. Toʻgʻri, yuzi ancha xunuk, yonoq suyaklari boʻrtib chiqqan, qoʻllari arslon panjasiday baquvvat, ammo oʻzi ancha xushqomat, koʻzlari boʻlsa vajohatli, sovuq, sal narsaga qonga toʻladi. Joni boʻgʻziga keladi. Bunday paytlarda ehtiyot boʻlmasang, seni gʻajib tashlaydi. Yaqinda bir voqea boʻldi. Oqshomdan yomgʻir boshlanib, tun boʻyi savalab chikdi. Ivib ketgan kigiz ustidan bir maromda chakillab oqib tushayotgan tomchilar qandaydir mungli ohangda, kishiga nimanidir shivirlaganday tuyulardi. Yomgʻir erta bilan ham tinmadi. Biz oʻtovda oʻtiraverib bekorchilikdan zerikib ketdik. Agronom Sorokin qayergadir ketgan edi — shunday kunda ham uning ishi boshidan oshib-toshib yotadi. Chorvachilik uchun ham javobgar-da. Shu sababli u biror daqiqa tinim bilmas, ertayu kech umri egarda oʻtardi.

Yomgʻir bir oz pasayganda Sadabekning kichik ukasi — pritsepchi Esirkep mening otimga mindi-da, choʻponlar oldiga joʻnadi. Aldey bilan Qalipa boʻlsa chelaklarni koʻtarib, buloq boshiga suvga ketishdi. Oʻtovda biz uch kishi — Abubakir, Sadabek va men qoldik.

Ta’bimiz xira, har birimiz oʻz ishimiz bilan band edik. Abubakir oyoqlarini uzatib yonboshlagani-cha papiros chekardi. Sadabek oʻchoq oldidagi toʻqim ustiga oʻtirib, bigiz va mumlangan pishiq ip bilan eski etigini yamardi. Men burchakka tiqilib olib kitob oʻqirdim.

Oʻtovning ichi zax. Ivigan namatdan qoʻy hidi kelar, tepadan ahyon-ahyonda choy siyoqli suv tomchilar edi. Tashqarida esa halqob suv yuziga shovillab yomgʻir yogʻardi.

Abubakir zerikib esnadi, qoʻllarini qirsillatib kerishdi, u yoq-bu yoqqa qaramay, qovogʻini osgancha qoʻlidagi papiros qoldigʻini uloqtirgandi, kigizning bir chekkasiga borib tushdi. Namat tutab, jizgʻanak hidi chiqa boshladi. Sadabek papiros qoldigʻini oldi-da, kulga tashladi.
— Ehtiyot boʻlish kerak, — dedi u charm orasidan tupuklangan mumli ipni oʻtkazarkan, — nima, joyingdan qoʻzgʻalolmaysanmi?
— Ha, nima boʻpti, — deb jahl bilan boshini koʻtardi Abubakir.
— Namat yonib ketay dedi.
— Obbo, matoyingni qara-yu, — mensimay tir-jaydi Abubakir. — Ilma-teshik etigingni yamayapsanmi, yamayver, boshqasi bilan ishing boʻlmasin!
— Gap boylikda emas. Bu yerda sen bir oʻzingmas, oʻz uyingda ham emassan.
— Oʻz uyimda emasligimni bilaman! Uyimda boʻlsam sen bilan gaplashib ham oʻtirmas edim. Tushundingmi, maymun bashara. Xudoning qahriga uchramasam surgun qilinganday, sen-u sening xotiningga oʻxshash ahmoqlar yashaydigan Anorxoyga kelib qolarmidim.

Sadabek mumlangan ipni kuch bilan siltab tortdi. Bigiz uning qoʻlidan otilib chiqib orqasiga tushdi. U Abubakirga nafrat bilan uzoq tikilib turdi, soʻng bir qoʻlida etik, bir qoʻlida tarang tortilgan ipni ushlaganicha, gʻazab bilan oldinga intildi.
— Mayli, seningcha, men ahmoqman, bu yerga hammamizni boqish uchun men bilan birga kelgan xotinim ham ahmoq boʻlsin! — Ogʻir nafas olib gapirardi u. — Boshqa hamma anorxoyliklar ham, seningcha, surgun qilingan kishilarmi? Nima, ularni bu yerga sen haydab kelganmisan? Qani, javob ber, esi past! — deb baqirdi u va oʻng qoʻli bilan nagʻalli etigining qoʻnjidan ushlagancha oʻrnidan irgʻib turdi.

Abubakir bir chekkada yotgan klyuchga oʻzini otdi, kallasini yelkalari orasiga olib urishga hozirlanib turdi.

Men qoʻrqib ketdim. Vaziyat juda qaltis edi. Ular bir-birini oʻldirib qoʻyishi ham hech gap emasdi.
— Qoʻy, Abubakir! — dedim yugurib borib. — Uni urma! Qoʻy, Sadabek, shu bilan tenglashib oʻtirma! — deb oyoqlari ostida oʻralashib, sarosimada yalinib-yolvordim.

Sadabek meni bir chekkaga itarib yubordi. Ular jangga hozirlangan arslondek, oʻtov ichida gir aylanishardi. Birdan bir-biriga tashlanib qolishdi, Abuba-kirning qoʻlidagi klyuch Sadabekning boshi ustida yaltilladi. Ammo Sadabek shu zahoti chap berib, ikkala qoʻli bilan klyuchni ushlab qoldi. Abubakir kuchli edi. U oʻz raqibini yerga yiqitib ostiga bosib oldi, ikka-lasi xirillashib, soʻkishib, yumalashgancha olishib ketishdi. Men yugurib borib Abubakirning qoʻlidan chiqib ketgan klyuchga butun gavdam bilan tashlandim, nihoyat, uni olganimcha oʻtovdan chiqib qochdim...
— Aldey! Qalipa! — suv olib qaytayotgan ayollarga qarab qichqira boshladim. — Tezroq, tezroq, ular urishishyapti, bir-birini oʻldirib qoʻyadi.

Ayollar chelaklarini tashlab, men tomon yugurishdi. Biz oʻtovga yetib kelganimizda Sadabek bilan Abubakir hamon yerda agʻanashib yotishardi. Ust-boshlari yirtilgan, yuz-koʻzlari qonga boʻyalgan. Zoʻrgʻa ajratib qoʻydik. Aldey erini sudrab eshikka olib chiqib ketmoqchi boʻldi. Lekin Abubakir bir zarb bilan Qalipaning quchogʻidan chiqib ketdi.
— Ha, maymoq it, senimi, hali toʻxtab tur!.. Sen murdor hali oyogʻim ostiga yiqilib tavba qilasan, oʻshanda Abubakirning kimligini bilib olasan!

Past boʻyli, qotmadan kelgan Aldey unga yaqin kelib, yuziga tik boqib gapira boshladi.
— Qani, tegib koʻr-chi! Koʻzlaringni oʻyib olayki, oʻzingni oʻzing tanimay qolgin!

Sadabek bamaylixotir xotinining qoʻlidan ushladi:
— Qoʻy, Aldey, sadqayi gap ketsin u...

Men bu orada tashqariga chiqib, toʻpolonda otib yuborilgan gayka klyuchini qidirib topdim-da, oʻtovdan nariroq borib, uni tosh haykal yoniga koʻmib koʻydim. Oʻzim boʻlsam, oʻtirdim-u, birdan yigʻlab yubordim. Past, boʻgʻiq yigʻidan butun vujudimni qaltiroq bosgan. Meni hech kim koʻrmas edi, oʻzim ham qanday holatga tushib qolganimni bilmas edim. Faqat oʻsha tosh haykalgina, goʻyo dardimni tinglayotganday, boʻm-boʻsh qolgan koʻz chanogʻi bilan menga xoʻmrayib boqib turardi. Atrofda tuman bilan qoplangan nam, sokin va horgʻin choʻl yastanib yotardi. Uning koʻhna va chuqur sukunatini biron sharpa buzmasdi, yolgʻiz mengina koʻz yoshlarimni artar, hamon piqillab yigʻlab oʻtirardim, men bu yerda uzoq, juda uzoq vaqt, to qosh qrrayguncha oʻtirdim.

Yovshonlar bilan bezangan choʻlda ana shu zaylda yashayman... Kuch-quvvatim boricha mehnat qilaman. Lekin shunga qaramay, hamon ishim oʻngidan kelmaydi. Mana, hozir Abubakirdan yana yaxshigina dakki yedim. Oqibat nima boʻladi — oʻzim ham bilmayman. Ammo umidsizlikka tushish ham yaramaydi. To yiqilguncha oʻz oʻrningda mahkam turmogʻing kerak.
— Qani, Serko, qimirla! Ildamroq! Ikkimiz ham tetik boʻlaylik, ishdan qolmaylik..

Ikkinchi bob

Ertasi kuni odatdagidan barvaqtroq, tongotarda turdim. Kecha oʻtovda yotib oʻzimcha shunday ahd qilgan edim: bor kuchimni ishga solib shunday ishlayinki, biron kishi koyishigina emas, hatto ta’na ham qila olmasin. Oʻzimning boshqalardan kam emasligimni bir koʻrsatib qoʻyay.

Dastavval yonilgʻini keltirib, baklarga oʻzim quyib chiqdim. Soʻngra, ish boshlagunga qadar traktorlarning radiatorlarini suvga toʻldirib qoʻyay deb, aravam bilan buloq tomon joʻnadim, undan keyin nonushta qilib olishga ulgurish va biror daqiqani ham zoye ketkazmay yana suv tashish kerak. Hozircha ish men oʻylagandek borayotgandi.

Bu orada gʻira-shira, oqimtir tuman qoplangan ufq ortidan asta-sekin quyosh bosh koʻtara boshladi. U goʻyo cheksiz choʻzilib ketgan Anorxoy dashtlariga nazar tashlashdan choʻchib, ancha vaqtgacha oʻrnidan qoʻzgʻalmay turdi. Soʻng yana bir qaraganimda qiyo boqib, jamolini koʻz-koʻz qilayotganday koʻrindi. Quyosh tigʻ urayotgan paytdagi dasht manzarasidan goʻzalroq narsa boʻlmasa kerak! Goʻyo ulkan lojuvard dengiz oʻz qirgʻoqlaridan koʻtarilib chiqqan-u, shu boʻyicha moviy toʻlqinlari muzlab qolganday, unda-munda quyqa tortib qolgan qismlar toʻq koʻk va sargʻish tusda jilvalanadi.

O, Anorxoy, o, bepoyon dasht! Nega sukut sakdaysan, nimalar haqida xayol surasan? Asrlar boʻyi nimalarni sir saqlab kelyapsan, kelajakda seni nimalar kutyapti?

Men bor-yoʻgʻi bir suvchiman, lekin bunga oʻksinmayman. Hali mana shu yerlarga ham, mashinalarga ham oʻzim hukmron boʻlaman. Axir ikkita traktorimiz, bu yerda qilinayotgan ishlarning hammasi — ishning boshlanishi, xolos. Men tadqiqotchilarning Anorxoy dashtida katta yer osti daryolari bor, degan fikrini allaqayerda oʻqigan edim. Ehtimol, bu hali taxmindir, ammo nima boʻlsa ham, ishonchim komilki, kishilar bu yerlarga suv keltiradilar. Anorxoyda koʻm-koʻk bogʻ-rogʻlar shivirlashib, soya-salqin ariqlardan suvlar sharqirab oqadi, dasht shamoli mayin esib, oltin bugʻdoyzorlar hosilini koʻz-koʻz qiladi. Bu yerda shaharu qishloqlar bunyodga keladi. Bizning avlodlarimiz bu choʻlni faxr bilan Anorxoy boʻstoni deb ataydilar. Yana bir necha yillardan soʻng bu yerlarga menga oʻxshash biror oʻspirin yigit kelganda, ehtimol, unga suv tashuvchi arava bilan choʻl boʻylab kun boʻyi sanqib yurishga va qandaydir bir badfe’l oʻzboshimchaning soʻkishlarini eshitishga toʻgʻri kelmas.

Lekin harholda, men unga hasad qilmayman, chunki men bu yerga birinchi boʻlib kelganlardanman!..

Aravani toʻxtatib qoʻyib, ertalabki Anorxoy kengliklarini tomosha qildim. Mana pgu damda oʻzimni yer yuzidagi eng baxtiyor, eng kuchli, hatto eng goʻzal odam deb his qilaman. Ha, Anorxoy yerlari sanoat oʻlkasiga aylanadi!..

Nihoyat, ufq ortidan zarrin nurlarini sochib, barkashday quyosh koʻtarildi.

Kunning boshlanishi yomon emas. Motorlar ham ishlab turibdi. Suvni peshma-pesh tashib keltirishga ham ulguryapman. Ammo hali kechga uzoq...

Suvga qatnab yurganimda bir vaqt buloq boshida koʻy-qoʻzilarning kichik bir qoʻtonini uchratib qoldim. Ularni bu yerga bir qizcha haydab kelgan ekan. U koʻylarni buloqqa yaqinlashtirmay, ariqchada sugʻormokda edi. Qayoqdan kelib qoldi u! Ehtimol, bizdan etakrokdagi qoʻsh tepalik ortidan, soylik tomonidan kelgandir. Choʻponlar oʻsha yokda oʻrnashgan edi. Qizning chehrasi menga tanishday tuyuldi. Men qaysi bir jurnalda xuddi shu qizga oʻxshash, kokili peshanasiga tushib turgan yoshgina xitoy qizning suratini koʻrgan edim. Balki shuning uchun men uni qayerdadir uchratganday boʻlayotgandirman.

Biz bir-birimizga jimgina qaradik. Mening kutilmaganda bu yerda paydo boʻlib qolganim unga qanchalik gʻayritabiiy tuyulgan boʻlsa, uning bu yerga kelib qolishi ham menga shunday koʻrindi. Biroq hech narsa boʻlmaganday aravadan sakrab tushdim-da, ishbilarmon kishilarday buloqdan suv olib, bochkani toʻldira boshladim.

Shu mahal qoʻylar ham suv ichib boʻlishdi, qiz ularni bir chekkaga hayday boshladi. Yonimdan oʻtib keta turib:
— Bu buloqning oti nima? — deb soʻradi.

Men hozir suv olganimda loyqalanib qolgan, nursiz jilvalanib turgan buloq koʻziga termilganimcha oʻylanib qoldim. Darvoqe, yakkayu yagona bulogʻimizning biron nomi boʻlsa kerak, axir? Men hamon oʻylanib turarkanman, bu orada suv tinib, yuzi ravshanlanib, tubi quyuq koʻk tusga kirdi.
— Boʻtakoʻz! — dedim qizga qayrilib.
— Boʻtakoʻz bulogʻi? — peshana sochini bir silkitib tabassum qildi qizcha. — Juda goʻzal ekan oti! U haqiqatan ham boʻtaloqning koʻziga oʻxshaydi, oʻychan koʻrinadi.

Biz gapga kirishib ketdik. Qiz bizning tomonlardan ekan. U, hatto oʻqituvchim Oldiyorovni ham tanirkan. O, bu kimsasiz choʻlda notanish qiz ogʻzidan sevimli oʻqituvchimning nomini eshitish qanday yaxshi!

Ehtimol, u ham Anorxoyga ana shu muallimning gapi bilan kelgandir. Qiz oʻtgan yili maktabni, biznikini emas, boshqa maktabni tamomlab, hozir saqmonchi — qoʻylarning qoʻzilash davrida choʻpon yordamchisi boʻlib ishlayotgan ekan.
— Qoʻramizdagi quduqning suvi shoʻr, — dedi. — Men bu yerda buloq borligini eshitgandim. Oʻzimning ham oqin suvlarni koʻrgim kelib ketdi, qoʻzilarim ham zilol suv qanaqa boʻlishini bilishsin dedim! Qoʻzilarni boqib, katta qilib choʻponga topshiraman, keyin universitetga oʻqishga ketaman...
— Vaqt-soati yetsa men ham oʻqimoqchiman, — dedim. — Biroq men mexanizatsiya maktabiga kiraman. Meni aslida bu yerga traktorda ishlash uchun yuborishgan edi, manavi esa, shunchaki, vaqtincha... — bochkani koʻrsatdim unga. — Vaqtincha yordamlashyapman... Suv tashigani boshqa birovni yuborishlari kerak.

Men bu gapni chakki aytib qoʻydim, ogʻzimdan chiqib ketganini oʻzim ham sezmay qoldim. Uyalganimdan a’zoyi badanimdan isitma chiqib ketdi, ammo yana shu ondayoq muzlab ketdim — uzoqdan Abubakirning «yoqimli» ovozi eshitildi:
— He-e-ey, akademik, jagʻingga tushiraman!
— Obbo, koʻp gapirib yuboribman-ku!
— Nima boʻldi? — hayron boʻlib soʻradi qizcha.
— Hech nima. Shunday, suvni olib borish kerak, — dedim qizarib.

Qizcha qoʻzilarini kelgan yoʻli bilan haydab ketdi. Abubakir shudgorning uzoq chekkasida, traktor kabinasidan turib mushtini havoda silkitganicha, tomogʻini yirtib baqirardi.
— Ketyapman-ku, axir, ketyapman! Ovozingni oʻchirsangchi! Odam degan begona qiz oddida shunchalik ham baqiradimi? — dedim gʻazab bilan va otni choptirib ketdim.

Bochkadagi suv shalop-shulup chayqalib, sachrab, boshimdan oyogʻimgacha shalabbo qildi. Toʻkilsa toʻkilaversin, menga desa bir tomchisi ham qolmasin! Men bunday xoʻrlikka ortiq chidayolmayman!

Abubakir kabinadan sakrab tushdi-da, yana oʻtgan safargiday menga tashlandi. Men jilovni tortib, otni taqqa toʻxtatdim-da:
— Agar sen shunaqa baqiraveradigan boʻlsang, ishni tashlayman-u ketaman, — dedim jahl bilan.

U kutilmaganda bu gapdan dovdirab qoldi, lekin hushtak chalib yubordi-da, yetti pushtim qolmay soʻka boshladi.
— Sen lapashang akademiksiz ham Anorxoy bor edi, bundan keyin ham oʻt tushkur bu choʻl qurib ketmaydi! Yoʻqol bu yerdan tezroq! Endi sen qolgan eding menga til tegizmagan, ishtonsiz student!

Men aravadan sakrab tushib, qamchini traktor orqasiga uloqtirib yubordim-da, odimlab ketdim.
— Toʻxta, Kamol! Unday qilma! Qayoqqa borasan, toʻxta! — deb orqamdan qichqirdi Qalipa.

Bu gap meni battar qizishtirdi, qadamimni yana tezlashtirdim.
— Toʻxtatma uni, qoʻyaver, qurib ketsin! — Abuba-kirning ovozi eshitildi orqamdan. — Usiz ham evini qilarmiz!
— Sen odam emassan, vahshiy hayvonsan, nima qilib qoʻyding! — dashnom berardi unga Qalipa.

Ularning allavaqtgacha janjallashgani qulogʻimga chalinib turdi.

Tobora oldinga intilib, qadamimni tezlashtir-dim. Qayerga borishim — ahamiyatsiz. Atrofda tirik jon yoʻq, toʻrt tomonim qup-quruq dala. Buloqni, dala shiyponini orqada qoldirib, tosh haykal turgan tepalikni ham bosib oʻtdim. Dargʻazab boʻlib tirjayib turgan tosh kampir boʻm-boʻsh qolgan qop-qora va nursiz koʻzlari bilan meni kuzatib, uzoq asrlar davomida yerga qanday botib turgan boʻlsa, hozir ham shu taxlitda baqrayib turardi.

Men hech narsani oʻylamay ketib borardim. Faqat birgina istagim bor edi, u ham boʻlsa — ketish, iloji boricha bu yerdan tezroq ketish. Bu la’nati Anorxoy dashtini yelkamning chuquri koʻrsin.

Koʻz oʻngimda huvullab yotgan quruq choʻl. Barcha past-balandliklar, qiru soylar, chor atrofdagi hamma narsa bir-biriga oʻxshardi. Bu jonsiz, bir-biriga oʻxshash manzarani kim yaratdi ekan? Nega tahqirlangan, xoʻrlangan men bu achchiq shuvoqzor, shoʻr bosib yotgan bepoyon kengliklarni kezib chiqishim kerak ekan? Qayoqqa nazar tashlama — qup-quruq, jonsiz biyobon, yaydoq dala. Bu yerda odamzod uchun nima bor? Uning yashashi uchun boshqa joy quriganmi? Ertalabki oʻy-xayollarim endi menga juda kulgili boʻlib tuyuldi.

Men oʻzimning ojizligimni, boshpanasizligimni va tushkin ahvoldaligimni butun vujudim bilan his etib: «Mana senga yovshonzor goʻzal dashtlar-u, mana senga Anorxoy oʻlkasi!» deb oʻz-oʻzimdan kulardim.

Tepamda osmoni falak, tevarak-atrofim cheksiz dasht, oʻzim esa goʻyo bu yerga allaqayerdan kelib qolganman-u egnimdagi qavilgan fufayka, oyogʻimdagi kirza etik va rangi oʻchib ketgan shapkada mushtday odamga oʻxshab koʻrinardim.

Shu holatda yoʻlsiz ketaverdim. «Biror yerda temir yoʻl iziga chiqib qolarman, — deb oʻylardim oʻzimcha, — soʻng biron raz’ezdda yuk vagonlariga osilib olarman. Odamlar oldiga boraman...»

Ortimda tuyoqlarning dukur-dukuriyu, otlarning pishqirigʻi eshitilganda ham hatto qayrilib qarama — dim. Bu Sorokin. Undan boshqa odam boʻlishi mumkin emas. Hozir hoynahoy koyib beradi, soʻngra yalinadi, mayli, nima boʻlsa boʻlar! Lekin orqamga qaytmayman, qaytishni xayolimga ham keltirmayman.
— Toʻxta! — xitob qildi past ovoz bilan Sorokin. Men toʻxtadim. Sorokin terga botgan otida menga yaqinlashdi. Malla qoshlari ostidagi koʻm-koʻk, oʻtkir koʻzlari bilan menga jimgina tikilib turdi-da, sumkasiga qoʻl solib undan bir qizil qogʻoz oldi — bu dashtga kelgan kunimoq, zoʻr iftixor bilan unga topshirgan komsomol yoʻllanmam edi.
— Ma, buni qoddirib ketish mumkin emas, — u yoʻllanmani xotirjamlik bilan menga uzatdi.

Men uning boqishida na ta’na, na dashnomdan asar koʻrmadim, u meni ayblamasdi ham, achinmasdi ham. Bu qarash — mushkul ishlarni bajarib, har qanday tasodifiy qiyinchiliklarga koʻnib qolgan odamning jiddiy nigohi edi. Sorokin kafti bilan horgʻin, soqol bosgan yuzlarini artib olarkan:
— Agar raz’ezdga bormoqchi boʻlsang, huv anavi soylik tomon oʻngroqqa qarab yur, — deb koʻrsatdi u menga va otini burib, sekingina orqasiga qaytib ketdi.

Men hayron boʻlib, uning orqasidan qarab qoldim. Nima uchun u meni urishmadi, nega bu yerda qolishga undamadi? Nega u boshini quyi solgan, ot ustida bunchalik horgʻin oʻtiribdi? Oilasi — xotin, bola-chaqalari allaqayoqlarda, uzoqda. Oʻzi boʻlsa bu yerda yil — oʻn pkki oy choʻlni kezib yurgani-yurgan. U qanaqa odam oʻzi, Boʻm-boʻsh Anorxoyning nimasi qiziqtirarkin uni?

Nima sababdanligini oʻzim ham bilmayman-u, biroq uning orqasidan asta-sekin ergashib boraverdim.

Kechqurun biz hammamiz oʻtovda toʻplanishdik. Hech kim churq etmasdi. Oʻrtaga sukunat choʻkkan, faqat gulxandagi oʻtinlargina chars-chars yonardi. Buning hammasiga aybdor men edim. Hamon hech kim ogʻiz ochmadi. Lekin Sorokinning xafaqon va jiddiy chehrasida uping nimadir demoqchi ekanligi sezilib turardi.
— Xoʻsh, endi nima qilamiz? — dedi Sorokin nihoyat hech kimga qaramay.
— Nima boʻpti, Anorxoyni sel bosibdimi? — de-di Abubakir zaharxanda qilib.

Shundan soʻng Sadabek ohista oʻrnidan turib, jimgina oʻtovdan chiqib ketdi. U Abubakir bilan boʻlgan mushtlashishdan soʻng u bilan gaplashmas, aftidan, xrzir ham gapga aralashmoqchi emas edi. Uning ukasi, pritsepchi Esirkep ham oʻrnidan turmoqchi boʻldi-yu, ammo fikridan qaytib, yana joyiga oʻtirdi.

Abubakir u bilan ham chiqisha olmasdi. Bir kuni iltimosimga koʻra Esirkep meni Sadabekning traktoriga biriktirilgan plugga oʻtqazdi-da, oʻzi suv tapshydigan aravaga chiqdi. Biroq u suvni bir oz kechiktirib keltirgan ekan, Abubakir unga ham doʻq uribdi. Lmmo Esirkep oʻzini haqoratlashga yoʻl qoʻymabdi. U ham bellashadiganlardan. Axir u mendan uch yosh katta.

Abubakirning gapiga hech kim javob bermasdi.
— Bu yerda oʻylab oʻtirishning nima hojati bor, — qoʻshimcha qildi u, — ishni kim toʻxtatgan boʻlsa, oʻsha javob beraversin.
— Gap kim haqu kim nohaq ekanligida emas! — javob qildi Sorokin unga qaramay. — Bu yerda bir yosh yigitning taqdiri hal boʻlyapti, u endi nima qilishi kerak?
— Takdir emish! — gʻijindi Abubakir. — Bunaqa akademiklarning taqdiri allaqachon hal boʻlgan, bular bir pulga qimmat, qoʻlidan ish kelmaydi! — mensimay qoʻl siltadi u. — Xoʻsh, oʻzing oʻylab koʻr-chi, Sorokin, bular nimaga yaraydi? Biz oʻz kuchimiz bilan gʻalla otishtirganimizda ular oʻn yillab oʻqib yurishdi. Ularni biz boqdik, kiyintirdik, xoʻsh, nima natija chiqdi, maktabda bularga nimani oʻrgatishdi? Mashinani bilishmasa, otga boʻyincha solishni eplay olmasa, hatto ayilni ham durustgina tortolmasa... Nega endi men uning uchun ter toʻkishim kerak ekan. Uning olimligini boshimga uramanmi, tosh haykallarning sirini bilsa bilibdi-da, nima boʻpti? Qoʻlidan biron ish kelmasa. Bas, shunday ekan, oʻzgalarni ham ishdan qoldirmay, tuyogʻini shiqillatib joʻnab qolsin! Sen ham, Sorokin, menga yopishaverma, men yolgʻiz oʻzim smenachisiz ishlayapman, hech kimdan tap tortadigan joyim yoʻq! Agar ortiqcha koʻrinayotgan boʻlsam — ertagayoq bu yerdan gʻoyib boʻlishim mumkin. Ammo tilimni tiymayman: men bunaqa akademiklarni bir tiyinga olmayman!..
— Bas qil! — dedi Sorokin, hamon Abubakirning yuziga qaramay, uning soʻzini choʻrt kesib. — Buni biz sensiz ham bilamiz. Gap bunda emas. Qani ayt-chi, Kamol, oʻzing nima demoqchisan?

Men hadeganda javob qaytarolmadim. Abubakiriing gaplarini tinglab oʻtirib, uning soʻzlarida ham jon borligini angladim. Ammo bu soʻzlarning hammasi gʻayirlik va adovat bilan aytilgan edi. Nega? Axir men qoʻlsiz-oyoqsizmanmi yoki Abubakir qilgan ishni qech qachon qila olmaydigan, oʻtaketgan landavurmanmi? Yoki savodliligim menga xalal beryaptimi? Men buni tushuna olmasdim. Biroq shunday boʻlsa ham, Sorokinning savoliga iloji boricha bamaylixotir javob berishga urindim.
— Men bu yerga pritsepchi boʻlib ishlash uchun kelganman. Menga mana shunisi ahamiyatli. Egar-jabduqni boʻlsa uddalay olaman. Buni hamma biladi, hatto Abubakirning oʻzi ham biladi. Bundan keyin ham xuddi shunday ishlayverishim mumkin edi. Ammo suv tashishni xohlamayman. Xohlamayman, vassalom!
— Bizda boshqa ish yoʻq, — dedi Sorokin.
— Demak, ketishim kerak ekan-da! — ta’kidladim. Qalipa menga qaradi-da, gʻamgin xoʻrsinib qoʻydi:
— Kamol, men oʻz oʻrnimni senga berib, sening aravangda suv tashiyverardim-u, ammo sen bunga koʻnmaysan-da...

Bu kutilmagan gap boʻldi. Qalipa oʻzining rahmdilligidanmi yoki Abubakirning baqirib, soʻkingan paytlarida xijolat tortib har vaqt nima bilandir uping qoʻpolligini yumshatishga va bilintirmaslikka harakat qilganidanmi, haytovur, shu soʻzlarni aytishga jur’at etgandi. Men ham oʻylab-netib oʻtirmay qiziq ustida:
— Koʻnaman! — deb yubordim.

Oʻtov suv sepganday jim boʻlib qoldi. Gulxandagi oʻtinning chirs-chirs etib yonayotganigina eshitilardi.

Hamma hayron boʻlib menga qaradi. Balki meni, esi hushini yigʻib olib, soʻzidan qaytar deb oʻylayotgandirlar? Shunday boʻlib chiqdiki, meni koʻrolmaydigan va menga hech qanday yaxshilikni ravo koʻrmaydigan kishi changaliga oʻzimni oʻzim tutib berdim. Lekin boshqa hech narsa demadim. Aytilgan soʻz — otilgan oʻq. Sorokin menga yana bir sinovchan nazar tashladi-da:
— Shu gaping gapmi? — deb soʻradi.
— Ha!
— Menga baribir! — dedi Abubakir va gulxanga tupurdi. — Ammo oldindan aytib qoʻyay: sal gap boʻlsa, kallangga tushiraman! — Uning mensimay istehzo va adovat bilan oʻqraygan koʻzlari qorongʻida sovuq chaqnadi.
— «Sal gap boʻlsa» deganing nimasi? Nega eldan burun doʻq qilyapsan? — dedi hozirgacha oʻzini tutib oʻtirgan Esirkep ortiq chiday olmay. — Eplab ketadi, bu shunchalik mushkul ishmi, donishmandligingni qara-yu! U mening plugimda ishlagan.
— Sendan hech kim soʻrayotgani yoʻq, birovning ishiga aralashma. Hali koʻramiz. Traktorga ham, ishga ham men javobgarman...
— Bas qil! — Sorokin yana norozilik ohangida Abubakirning soʻzini boʻldi va menga qarab: — Ertadan ishga tush, — dedi-da, oʻrnidan turib eshik tomon yurdi. — Xayr, endi dam olinglar.

Oʻsha kecha deyarli uxlay olmadim. Abubakir bilan ishimiz qanday boʻlarkin? Axir hozirgacha u bilan ahyon-ahyondagina uchrashardim, ertadan boshlab esa tun-kun uning ixtiyorida boʻlaman. Garchi pritsepchining vazifasi chidam va sabr-matonatni talab qilsa ham, meni uncha choʻchitmasdi. Albatta, kerakli joylarda plug tishini ildam va aniq koʻtarib tushirishga koʻnikish kerak, toki traktorning harakati biror minut ham toʻxtab qolmasin. Undan tashqari, men traktorchiga hamma ishda — mashinani yuvib artishda ham, remont qilishda ham yordamlashishim kerak. Qani, Abubakir soʻragan klyuchinimi, boltnimi, gaykasinimi ski yana boshqa zarur narsalarni darhol topib bermay koʻr-chi...

Keyin bilsam Aldey ham mijja qoqmabdi. U qorongʻi kechada yonimga kelib oʻtirdi-da, boshimni siladi:
— Oʻylab koʻrsang boʻlardi, Kamol, sen u bilan chiqisha olmassan, oqkoʻngil, yuvoshginasan. Uning koʻnglidagini topa olmassan. U seni qiynab qoʻyar.
— Men uning koʻnglini topmoqchi emasman! Qiynoqlariga boʻlsa koʻnikib qolganman.
— Mayli, ixtiyor oʻzingda, oʻzing bilasan, — dedi past tovush bilan va xoʻrsinganicha oʻz joyiga ketdi.

Uchinchi bob

Abubakir bilan birinchi kundanoq toʻqnasha boshladik.
— Uyqu elitib pritsep ostida qolsang, men javobgar emasman! — Abubakirning ish oldidan aytgan birdan-bir soʻzi shu boʻldi.

Biroq uxlash xayolimga ham kelmasdi. Butun xayolim aniq va benuqson ishlash bilan band. Falokat bosib tishlar ostiga tushib ketish mumkin, degan xayol bilan doim qiynalgandan koʻra, yaxshisi, hoziroq bu ishdan bosh tortish ma’qul edi-yu...

Rama ustida ikki yoqqa kerishgan oyoqlarim tagidagi kronshteynlarga poʻlat tishlar mahkam biriktirib qoʻyilgan edi. Plug tishlari qoʻriq yer qatlamlarining bugʻlanib yotgan bagʻrini birin-ketin tilib, agʻdarib, yonma-yon qiyalab borishardi. Traktor yovshonlarni bosib-yanchib, tinimsiz gurillab, gʻildirak zanjirlarini shaldiratib shaxdam yurib borardi.

Abubakir orqasiga bir marta ham qayrilib qaramasdi, meni bormi-yoʻqmi deb ham qiziqmasdi. Men faqat uning yoʻgʻon boʻynini koʻrib turardim. Bu bilan goʻyo u mening to ishni tashlab ketmagunimcha yoki sabr-toqatimga ishonch hosil qilmaguncha sinamoqchidek edi. Ehtimol, u meni holdan toydirib, bu ishdan voz kechtirish uchun traktorni tinimsiz quvib haydayotgandir. Hech qanaqa amortizatsiyasi boʻlmagan qattiq temir kursida, chang-toʻzon va motordan chiqayotgan gazdan nafasi boʻgʻilib oʻtirish naqadar maza ekanligini Abubakir yaxshi biladi. Ammo men taslim boʻlishni oʻylamasdim. Gʻoyat katta kuch bilan ishlayotgan asablar, koʻz-quloqlar va plut shturvalini mahkam ushlab olgan qoʻllar — mening turish-turmushim shundan iborat. Ish davomida gʻiq etmay oʻtirdim, hatto jahl bilan traktorni toshloq yerlarga solib borganida ham, plug dam-badam joʻyaklardan sakrab chiqib ketib, tishlari chaqmoq toshlarga urilib, uchqunlar sachraganida ham, oʻtirgʻichdan sakrab-sakrab ketganimda ham gʻing demadim.

Kechqurun Abubakir traktorni ishdan toʻxtatganda shunday charchagan edimki, umrimda bunchalik boʻlgan emasman. Ogʻiz-burnim, koʻz-quloqlarim — hammasi chang va qum bilan toʻlgan edi. Mukka tushib, shu yerdayoq uxlasam derdim. Lekin qimir etmay Abubakirning buyrugʻini kutib turdim.
— Lemexni koʻtar! — deb qichqirdi u kabinadan boshini chiqarib. Oʻzi esa traktorni shudgordan chiqardi-da, motorni oʻchirib, plug yoniga keldi, egilgancha plug tishlarining damini koʻzdan kechirdi.
— Almashtirish kerak, oʻtmaslashib qolibdi. Ertalabgacha tayyor boʻlsin! — dedi.
— Xoʻp, — dedim men.
— Zapas tishlarini qoldirib, plugdan traktorni ajrat.

Men uning talabini bajargach, jimgina shiypon tomon ketdi. Orqasidan qarab qolarkanman, uning hatti-harakatiga faqat achchiqlanibgina qolmay, unga hasad qilayotganimni sezdim. U goʻyo sira charchamaganday, bamaylixotir, lapanglab ketib borardi. Mening-ku, albatta, jonimni oldi-ya. Biroq uning oʻzi ham tinchimaydi, axir. Ishning koʻzini bilishini qarang-a, ablahning!

Men bir xoʻrsinib qoʻydim-da, oʻtin-choʻplarni terib, quchoq-quchoq qilib plug yoniga uya boshladim. Tunda plug tishlarini almashtirish uchun gulxan yoqish kerak edi. Kattagina oʻtin gʻaramini tayyorlaganimdan keyin kechki ovqatga ketdim.

Naqadar mushfiq va mehribon bu Aldey! Menga olib qoʻygan shilpildoqni indamay yer ekanman, uning menga ich-ichidan achinib qarab turganini koʻrsangiz edi. Bahuzur oʻtirib ovqatlanishga vaqtim yoʻq. Men undan har ehtimolga qarshi saqlab qoʻyiladigan fonarni soʻradim.
— Bu senga nima uchun kerak? — dedi u fonarni bera turib.
— Kerak, plug tishlarini almashtiraman.
— Axir, shu ham ish boʻldimi, bu qanday gap! — deya baqirdi u Abubakirga qarab. — Bunga yoʻl qoʻymayman! Mushtday bolani tahqirlashga haqqing yoʻq.
— Menga nima, qoʻymasang qoʻyma, — qoʻrslik bilan javob qaytardi Abubakir yota turib.
— Aralashma! — jerkib berdi xotinini Sadabek. — Kamolning ham oʻziga yarasha aqli bor.
— Hechqisi yoʻq, Kamol, senga oʻzimiz yordamlashamiz. Ketdik, Esirkep, — deya men bilan birga ketmoqchi boʻlib oʻrnidan turdi Qalipa.
— Kerak emas, tashvishlanmanglar. Oʻzim uddalayman, — dedim-da, fonarni koʻtarib oʻtovdan chiqib ketdim.

Atrofni sukunat, cheksiz zulmat qoplab olgan. Men suv ichib olayin deb buloq tomon qayrildim. U qorongʻi, sokin chuqurlik ichida sekin-asta biqirlab qaynar va zulmat ogʻushida yilt-yilt tovlanib atrofga salqinlik taratardi. Haqiqatan ham u boʻtaloqning koʻzini eslatarkan, qoʻqqisdan oʻsha saqmonchi qiz esimga tushib qoldi. Oʻsha kezda uning ismini ham bilib ololmagan ekanman. Qayerda ekan hozir oʻsha xush-ovoz gajakdor qiz?

Plug oldiga yetib kelgach, darhol ishga kirishdim.

Tishlarni imkoni boricha yuqoriga koʻtarib, oʻt yoqa boshladim. Fonarning ham albatta foydasi tetdi. Gaykalarni burab boʻshatib oldim-da, yoʻqotib qoʻymaslik uchun shapkamga solib qoʻydim. Butun tun boʻyi plug ostida yotib ishladim. Gaykalarni burab chiqarish juda mushkul, oʻngʻaysiz edi. Ular qoʻl bormaydigan joylarga oʻrnatilgan. Buning ustiga, gulxan ham dam-badam oʻchib qolardi. Men plug ostidan oʻrmalab chiqib, yotgan joyimda oʻtni gguflab yondirardim. Qancha vaqt oʻtganini bilmayman, ammo hamma tishlarni almashtirib boʻlgunimcha tinmadim. Shundan soʻng koʻz oʻngim qorongʻilashganday boʻldi, oyoqlarimni arang sudrab traktor oldiga yetib oldim-da, kabinaga kirib yotdim. Shilingan, tilingan, jonsiz qoʻllarimdan olov chiqib, zirqirab ogʻrirdi.

Erta tongda meni Qalipa uygʻotdi. U suv tapguvchi aravada kelgandi.
— Radiatorga suv quyib boʻldim. Kel yuvin, Kamol, qoʻlingga suv quyib yuboraman, — dedi Qalipa.

U mendan hech narsani soʻrab-surishtirib oʻtirma-di, men ham uning bu ishidan minnatdor boʻldim. Birovlarning rahmdilligi hamma vaqt ham yoqavermaydi. Yuz-qoʻlimni yuvib boʻlgach, Qalipa aravadan tutunchada ovqat va bir shisha kvas keltirdi. Qovurilgan dondan tayyorlangan nordon muzdek kvas juda lazzatli boʻlib, hovuringni chiqarib yuborardi. Bu, albatta, Aldeyning gʻamxoʻrligi edi.

Abubakir ham keldi. U hech narsa degani yoʻq. Ishimdan biror nuqson topolmagach, nima ham deya olar edi. Jimgina borib traktorni plug oldiga haydab keldi. Men plugni tirkadim. Soʻng yana ishga kirishdik.

Shu kundan boshlab plugni dadil boshqaradigan boʻldim. Oʻzimga ishonch hosil qildim. Modomiki, birinchi sinovdan oʻtdimmi, endi oxirigacha chidayman!

Qarshimda kabina derazachasidan hamon oʻsha yoʻgʻon, chayir boʻyin koʻrinib turardi. Traktor ham bir tekisda, shiddat bilan gurillab, olgʻa bosmokda. Bir maromda, shturvalga mahkam yopishganimcha ketyapman.

Peshinga kelib Abubakir kutilmaganda traktor motorini oʻchirdi.
— Tush, tanaffus, — dedi u.

Biz traktor soyasida, yerda jimgina oʻtirardik. Abubakir papirosni asabiy tishlab, chaynab chekardi, soʻng kombinezon va koʻylagini yechdi-da, quyoshda toblanay deb kiyimlari ustiga yotdi. Uning yelkalari keng, muskullari tarang tortib turardi. Mening ham quyoshda toblangim kelib ketdi. Koʻylagimni yerga yozib, endigina choʻzilmoqchi boʻlgan edim, Abubakir boshini koʻtarib menga xoʻmrayib qaradi-da:
— Orqamni qashib qoʻy, — deb buyurdi va goʻyo men uning buyrugʻini darhol bajarishimni oldindan bilganday, zilday boshini qoʻli ustiga qoʻyib yotdi.

Men jim turaverdim.
— Eshityapsanmi, yoʻqmi? — boshini koʻtarmay gʻazab bilan yelkalarini silkitdi.
— Qashlamayman!
— Men aytdimmi, qashlaysan! — U oʻrnidan dast turdi-da, qoʻllarini beliga tirab oldimga keddi. — Xoʻsh? Yana qancha kutishim kerak? — Men bir oz orqaga tisarildim.
— Sen doim men ishchiman, men hammani boqayotibman, deb koʻkragingga urganing-urgan. Ammo sen faqat ishlayotganliging uchungina ishchisan, chin koʻnglingdan ishchi emassan. Sen aslida boy boʻlishing kerak edi!
— Boy ham boʻlsam boʻlardim! Lekin sen mening jahlimni chiqaraverma, — dedi-da, toʻsatdan burnimga bir chertdi.

Men sakrab turdim-da, musht koʻtarib unga hamla qildim. Abubakir xuddi shuni kutib turgan edi. Soʻnggi kunlarda toʻplangan butun nafratini mushtiga jamlab shunaqayam tushirdiki, soqqaday dumalab ketdim. Arang tizzamda turib, beixtiyor gʻazab bilan yana Abubakirga tashlandim. Uning har zarbi meni oyokdan qulatardi.
— Men senga musht qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻyaman! Asabga tegishni ham koʻrsatib qoʻyaman! — dedi u choʻyanday mushti bilan ustma-ust tushirarkan.

Ammo men ham oʻrnimdan qayta-qayta turib, ovoz chiqarmay jon-jahdim bilan unga yopishardim. Har gal yuzini — vahshiy basharasini moʻljallab urmoqchi boʻlardim, lekin u qornimga, biqinimga, koʻkragimga aniq moʻljal bilan tushirardi.

Men yana oʻrnimdan turib, sekin unga yaqinlasha bordim. U qoʻlini koʻtardi va xuddi qassoblarday tomoq qirib, qulochkashlab gardanimga yana bir musht tushirdi. Men churq etmay, lablarimni mahkam tishlab, yerda choʻzilib yotardim.
— Yotibsanmi, akademik? Qani, hidlab koʻrchi, yerdan nimaning isi kelarkin! — dedi u ogʻir nafas olib, yorilgan lablaridagi qonni tupurib tashlarkan. — Bu sening tosh haykallar haqidagi leksiyang emas.

U oyoqlarimiz ostida toptalgan kiyimlari tomon ketdi va goʻyo ishni qoyil qilib qoʻygan kishiday, kiyimini qoqib, bamaylixotir kiya boshladi. Mening bu jangda ham gʻolib chiqqanligimni sezmas edi. Ha, garchi men yer tishlab yotgan boʻlsam ham yengilmagan edim. Haqiqat uchun kuch, musht ishlatish ham mumkin ekanligiga ishondim. Kimki seni ursa, sen ham uni urishing mumkin va zarur ekan. Bu men uchun gʻalaba edi.

Abubakir kombinezonini kiyguncha nafasimni rostlab oʻzimga kelib oldim. U motorni yondirishi bilanoq sakrab oʻrnimdan turdim-da, tezlik bilan kiyimlarimni kiydim. Plugga chiqib, oʻz oʻrnimga oʻtirib oldim.

Traktor gurullab, shudgor boʻylab yurib ketdi. Oʻsha besoʻnaqay chayir boʻyin kabina derazasidan hamon koʻrinib turar, men ham plug shturvaliga yopishgancha borardim.

Toʻrtinchi bob

Hayotimizda ba’zi oʻzgarishlar boʻlib oʻtdi. Urugʻlik tashish uchun bizga qoʻsh oti bilan arava berishdi. Yana bir kishi ham keldi. Endi suv tashuvchi uchun ham ancha yengillik tugʻilgan edi. Sadabek bilan Esirkepning traktorlarini ekishga tayinlashdi, biz esa Abubakir bilan yer haydashda edik.

Yana bir juda muhim yangilik boʻldi.

Bundan bir necha kun avval, tushki ovqatdan keyin aravada dalaga ketayotganimizda, men buloq boʻyida saqmonchi qizni koʻrib qoldim. Aravadan sakrab tushdim.

Aravakash otlarni toʻxtatmoqchi boʻlgandi-yu, lekin Abubakir qoʻymadi:
— Haydayver, yoʻlingdan qolma, — deb buyurdi u norozi ohangda.

Men qiz tomonga yugurdim, qoʻylarini oʻz holiga qoʻyib u ham menga peshvoz kelaverdi. Men yoniga yetmasdan toʻxtadim, chunki ish boshlaguncha oʻsha joyda boʻlish uchun aravaga yetib olishim kerak edi.
— Salom! — deb qichqirdim uzokdan.
— Salom! — deb javob berdi qiz ham. Joyida toʻxtab qoldi.

Uni koʻrib juda quvonib ketdim, lekin hadeganda biron gap aytishga jur’at etolmay turdim.
— Aravangiz qani, nega koʻrinmay ketdingiz? Hozir qayerdasiz? — deb soʻradi qiz.
— Men hozir traktordaman! — deb qichqirdim gʻurur bilan. — Biz hu-uv anavi daladamiz! Kechirasiz, men juda shoshilyapman.
— Choping, choping! — deb qoʻlini silkitib qoldi u menga.

Aravaning ketidan yugura ketdim. Orqamga bir qayrilib qarab qoʻydim. Qiz haligi joyda orqamdan qarab turardi. Arava toʻxtamay ketib borardi. Qizning qoʻl silkib xayrlashib qolganidan, buning ustiga, bahor chogʻi keng sahro qoʻynida yelib borayotganimdan oʻzimni benihoya baxtiyor his etdim...

Ertasi kuni u biz ishlayotgan yerda paydo boʻlib qoldi. Yaqinginadagi tepaning ustida qoʻy-qoʻzilarni boqib yurardi. Loaqal biror daqiqaga boʻlsa ham uning oldiga biram borgim kelardiki, lekin bu Abubakir deganingiz menga ruxsat berarmidi. Bunaqa ishlar uning qoʻlidan kelmaydi. Bu hakda men undan iltimos ham qilmadim.

Kelgusi gal, qiz yana tepalikda paydo boʻlganida Abubakir bilan biz tirillab turgan traktor yonida edik. Abubakir motorning qayerinidir tekshirayotgandi.
— Nega bu qizcha tez-tez keladigan boʻlib qoldi? — deb soʻradi u.
— Bilmadim.
— Oti nima uning?
— Bilmayman.
— Eh, akademik, — deb yerga tupurdi u. Keyin qiz tomonga qarab qoʻydi. — Oʻziyam ajoyib narsa koʻrinadi.

Men unga gʻazab bilan qaradim.
— Bor, oʻrningga oʻtir! — deb baqirib berdi u. Biz ishga tushib ketdik.

Bu orada qiz tepalikda oʻtlab yurgan qoʻy-qoʻzilarni biz ishlayotgan joydan yuz metrcha nariroqdagi ochiq maydonga haydab tushdi. Qani endi uning oldiga chopib borsam-u, suhbatlashib, peshanasiga tushgan jingala sochlariga tikilib birpas oʻtirsam...

Traktor toʻsatdan toʻxtab qoldi. Abubakir kabinadan boshini chiqarib:
— Richagni bogʻla! Bu yoqqa kel! — deb qichqirdi. Men plug ustidan tushib, hayron boʻlgan holda uning oldiga keldim. U odatda ish paytida meni kabinaga yaqinlashtirmasdi.
— Oʻtir, — dedi oʻz oʻrnini menga boʻshatib. — Haydashni oʻrgan!

Men angrayib qoldim. Buni undan sira kutmagan edim. Abubakirga nima boʻldi, nahotki u meni yoqtirib qolgan boʻlsa? Nima boʻlsa ham, oʻylab oʻtirmay, buyrugʻini bajarishga shaylandim.
— Pedalni bos. Ulagichni bura, ha, shunday. Endi pedalni sekin boʻshat. Richaglarni mahkam tut.

Traktor gurullab joyidan qoʻzgʻaldi. Soʻngra mol qoʻrasi yonboshidagi yerni hayday boshladik. Sevinganimdan terimga sigʻmay ketdim. Men hozir hech narsani oʻylamasdim, olamdagi hamma narsani unutgandim. Xayolimda faqat bir narsa — traktorni mahkam tutish, uni boshqarish, mexanizmlarini miridan sirigacha bilib olish orzusi hukmron edi. Men buni qachondan beri havas qilib yuraman, axir. Mana endi qudratli traktor mening qoʻllarimga itoat qilib, gʻildiraklarini shaqirlatib, yerni oʻpirganicha olgʻa yurib bormoqda. Shunda oʻzim ham goʻyo mexanizmga aylanganman-u, butun diqqat-e’tiborim zarur harakatlarni bajarishga qaratilgan edi.

Mol qoʻrasining etagiga yetganda traktorni yaxshigina bura boshladim. Toʻgʻri, pritsepchi boʻlmaganidan burilishda anchagina yer haydalanilmay qoldi. Ammo bunga tashvishlanmasa ham boʻladi: Anorxoyda yer oz-munchami!

Shu tarzda dalani bir necha marta aylanib chiqdik. Endi yuragim uncha hovliqmay, oʻzimni ancha erkin his qilardim.
— Qoʻrqma, akademik! — deb baqirardi qulogʻimga Abubakir. — Men birpasga bir yerga borib kelaman. Agar biron narsa boʻlsa motorni oʻchir!..

U yurib borayotgan traktordan sakrab tushdi-da, ustidagi changni qoqib, saqmonchi qiz tomon yoʻl oldi. Bu mahal qiz ancha yonginamizga kelib qolgan edi. Men shundagina Abubakirning niyatini sezdim. Ma’lum boʻlishicha, u meni kabinaga gʻarazgoʻylik bilan oʻtqazgan ekan.

Abubakir qizning yonida turib, u bilan bamaylixotir soʻzlashardi. Unga nima tashvish... ish boʻlsa bajarilyapti, traktor yonida, biron narsa boʻlsa darhol yugurib kelishi mumkin.

Uning bu hatti-harakati menga yoqmadi. Lekin shunga qaramay, hozir mashinani boshqarayotganligimdan xursand edim. Kabinada turib qizga qoʻl siltab, unga biron iliq gap aytishni istardim. Qani endi bu yerda Abubakir boʻlmasa! U qizga nimalar deyayotgan ekan? Qiz unga nimalar deb javob beryaptiykin? Qiz unga ehtiyot bilan muomala qilsa yaxshi boʻlardi.

Bir yarim soatcha, to qiz qoʻylarini haydab ketgunga qadar traktorni haydab turishga toʻgʻri keldi. Abubakirning chehrasida uning ishi oʻngidan kelganligini bildiruvchi biron alomat sezmadim. Yoʻq, uning basharasidan bema’ni takabburlik, hayvonlikdan boshqa hech narsani uqib boʻlmasdi.
— Joyingga bor, akademik, — deb yelkamga urdi va besoʻnaqay lablarini burib iljaydi.

Men hech narsa demay traktordan sakrab tushdim.

Bizning qizchamiz ertasi kuni ham keldi. Abubakir yana meni kabinada qoldirdi-da, oʻzi oʻsha tomonga qarab ketdi. Qiz kelmaganda ham ma’qul boʻlardi. Men traktorni tashlab keta olmayman. Lekin befarq ham qaray olmayman.

«Qanday qilib uni ogohlantirsam ekan? — deb oʻylardim men kabina ichidan ular tomonga tashvish bilan nazar tashlab. — Uning Abubakir bilan uchrashuvi yaxshi emas. Ammo kishilarning bir-biri bilan soʻzlashuvini qanday man etib boʻladi? Xar bir kishi kim bilan muomala qilayotganini oʻzi yaxshi bilishi kerak...»

Bu gal qizcha tezda qaytib ketdi, bundan men behad xursand boʻldim. U qoʻy-qoʻzilarini tobora tezroq haydab, orqasiga qaramay jadal ketib borardi. Men undan xayolan uzr soʻrab, oʻz-oʻzimga der edim: «Kechir meni, azizim. Tez qaytib ketib yaxshi qilding. Biz yana diydor koʻrishamiz. Ikkinchi marta traktorda qolmayman, oldingga qanot bogʻlab uchib boraman, hozircha mayli, yoʻlingdan qolma, kokilli suluv qiz... Men hatto ismingni ham bilmayman...»

Ammo mening kelgusi uchrashuv haqidagi umidim roʻyobga chiqmadi. Qiz boshqa koʻrinmadi. Uni ikkimiz ham bir-birimizga bildirmay uch kun kutdik. Abubakir yanada qahrliroq va qoʻpolroq boʻlib qoldi. Endi menga roʻyirost nafrat bilan qaraydigan boʻldi. Biroq men ham endi unga boʻlgan nafratimni yashirmasdim. Uning oʻsha kuni biron qoʻpol gap bilan qizning izzat nafsiga tekkani aniq edi. Qizni allaqanday yovuz kuchdan himoya eta olmaganimdan oʻzimni aybdor his qilardim. Men shunday qarorga keldim: iloji boʻlsa qizni topib, u bilan hamma narsani yurakdan samimiy gaplashib olaman.

Koʻnglim ana shu uchrashuvni orziqib kutardi.

Ayni oʻsha kunlari dalada yogʻingarchilikda qoldik. Yomgʻir toʻsatdan boshlanib, shiddat bilan yogʻa boshladi.

Bu dashtning doʻl aralash kuchli jalasi edi. Havo guldurab, yer yuzi anamana deguncha qaynab turgan pufakli koʻlmakchalar bilan qoplandi. Ammo Abubakir hamon traktorni toʻxtatmas edi. U, aksincha, traktorni yana tezroq haydardi, orqasiga qayrilib ham qaramasdi, men boʻlsam doʻl aralash jala ostida shumshayib oʻtirardim.

Haydalgan yer qatlamlari yomgʻirdan koʻpchib, endi avvalgiday plug tishlaridan koʻchib tushmasdi. Loy plugga, ramaning ustki qismlariga, mening oyoqlarimgacha chiqib ketgandi. Traktor gʻildiraklari yopishqoq loy bilan toʻlib qolmaganda, Abubakir uni hali-beri toʻxtatmasmidi ham.

Nihoyat, u motorni oʻchirdi, kabinada yalpayganicha papiros cheka boshladi. Ehtimol, u meni ham kabinaga kiritishni iltimos qilib qolar deb oʻylayotgandir. Ammo menga endi baribir edi. Boshdan oyoq shalabbo boʻlib iviganman. Plugdan tushmay, yomgʻir ostida kiyimlarimning loyini yuvib oʻtiraverdim. Yomgʻirdan sakdaydigan birdan-bir narsam — ayrim fikrlar yozilgan, oʻqigan kitoblarimdan ba’zi kichik parchalar koʻchirilgan yon daftarcham edi. Men uni qoʻnjimga tiqib qoʻydim. .

Yomgʻir toʻxtadi, havo bir zumda charaqlab ochilib ketdi. Osmon saxiy bahor selidan yuvib-taralgan musaffo va goʻzal dashtning davomiday tuyulardi. Cheksiz Anorxoy dashtlari kishi koʻziga poyonsiz, yanada yashnab ketganday koʻrinardi. Osmon 1umbazi boʻylab Anorxoy uzra kamalak tortildi. U olamning u chekkasidan bu chekkasiga qadar choʻzilib, dunyodagi jamiki nafis boʻyoqlarni oʻzida mujassamlashtirib, osmonu falakda turar edi. Zavq-shavq bilan chor atrofga boqdim; bepoyon zumrad osmon, tovlanib turgan kamalak, kulrang yovshonzor dashtlik! Yer yuzi tezgina selgib borar, uning tepasida bir burgut ikki qanotini qimir etkizmay baland osmonda gir aylanib uchib borardi. Goʻyo uning oʻzi va qanotlari emas, balki yerning otash nafasi, uning kuydiruvchi harorati burgutni shu qadar yuksaklikka koʻtarganday.

Shunda men oʻzimni yana baquvvat his etdim, ruhim yanada tetiklashib, Anorxoy diyori haqidagi orzu-oʻylarim tagʻin jonlanib ketdi. Ha, endi men shunday mavqeni egallagan edimki, endi hech kim orzularimning roʻyobga chiqishiga toʻsqinlik qila olmasdi, Anorxoyning porloq kelajagiga boʻlgan ishonchimni hech kim soʻndira olmasdi. Men shoir emasman, biroq ba’zan shunday vaqtlar ham boʻlardiki, maktab devoriy gazetasida she’rlarim ham chiqib qolardi. Mana hozir ham etigim qoʻnjidan daftarchamni oddim, xayolimga kelgan laparnamo satrlarni darhol qogʻozga tushira boshladim:

Qoʻrday tepalari ortida yotar
Qadam bosilmagan Anorxoy dashti.
Qishda boʻronlari dahshatli, xatar,
Yozi otashnafas, olov taratar,
Keng dashtli Anorxoy bu oʻlka oti.
* * *
Istiqboli porloq, ishongum unga —
Bu kun uzoq emas, ha, yaqin juda!
Anorxoy kuchogʻi toʻlajak gulga!
Youshondan asar ham qolmaydi bunda.

Men she’rimning chala, shirasiz chiqqanini oʻylamasdim. Koʻnglimni boshqa narsa xiralashtirayotgan edi: bu misralar qalbimda tugʻyon urayotgan his-hayajonlarimning yuzdan birini ham ifodalay olmaydi. Orzu-istagim, quvonchlarimni ifoda eta oladigan noyob soʻzlar qidirib boshim qotdi. Ammo shu payt birov qoʻlimdan daftarchamni yulqib oldi. Men orqamga oʻgirilib qaradim.
— Ishqiy nomalar toʻqiyapsanmi! — dedi Abubakir oʻzini chetga olib, zaharxanda bilan. — Qizchani she’r bilan oʻzingga rom qilmoqchimisan?..
— Ber bu yoqqa, birovning xatini oʻqish yaxshi emas! — dedim.
— Yaxshimi, yomonmi — sen menga oʻrgatma! Oʻzim bilaman. Yaqinlashma!
— Ha-ha, hali shunaqami! — Traktor yoniga chopib bordim-da, klyuchni qoʻlimga oldim.
— Hoy, hoy! — deb doʻq urdi Abubakir. — Ma, ola qol topgan bisotingni. — U daftarchamni qaytarib berdi, bir ozdan soʻng qah-qah urib kulib, butun dashtni boshiga koʻtardi. — Anorxoy oʻlkasi emish! Ha-ha-ha! Juda ham ahmoqsan-e, akademik! Haqiqatan ham senga oʻxshaganlarni bu yerga haydab kelish kerak, toki dunyoning past-balandini bilib olinglar!.. Oʻylab topganini qara-ya: Anorxoy oʻlkasi emish! Ha-ha-ha! Hali u senga qanaqa oʻlka ekanligini koʻrsatib qoʻyadi. Bu yerda bir qish ishlab koʻr, oʻshanda boshqacharoq kuylay boshlaysan...
— Men qolish-qolmasligimni sendan soʻrab oʻtirmayman! Mening gʻamimni yemay qoʻya qol, oʻzingni oʻyla!
— Nimani oʻylar ekanman? — jahl aralash iljayib menga yaqinlashdi Abubakir. — Mening oʻz fikrim oʻzim bilan, men qayerda boʻlsam ham haqimni ajratib olaman. — U nariroqqa ketmoqchi edi-yu, lekin nimanidir eslab yana toʻxtab qoldi. Menga yuzma-yuz keldi-da, boʻgʻiq ovoz bilan shunday dedi: — Sen, akademik, haligi qiz haqidagi xom xayollaringni miyangdan chiqar, umidvor boʻlma... urib mayib qilaman!
— Buni hali oʻylab koʻramiz.
— Yana takror aytyapman, uni xayolingga keltirma! Qizishib ketgan, boshqalarga nafrat bilan qarashga oʻrganib qolgan, hozir es-hushini yoʻqotib qoʻygan bu odamning ahvoliga achindim. Unga ohista dedim:
— Sen kap-katta odamsan. Ba’zan tuppa-tuzuk gaplarni aytasan. Ammo bunday gaplarni, aftidan, tushunmasdan gapirasan shekilli! Shuni unutmaginki, hech kim birovga oʻylash, istash, orzu qilishni man eta olmaydi. Insonning hayvondan farqi ham ana shu fikrlash qobiliyatiga ega boʻlishida.

Soʻzlarim unga ta’sir etdimi, har qalay, indamay turdi. Faqat qovogʻini osgancha traktor oldiga bordi-da, bor kuchi bilan ruchkani aylantirdi, motor darhol gurillab oʻt oldi. Yana ish boshlashimiz lozim edi...

Shu soatdan butun orzularim yana vujudimni chulgʻab oldi. Men ularni kurashda qoʻlga kiritgandim, ular yana menga hamroh boʻldi.

Kechqurun hamma yotishga tayyorgarlik koʻrayotganda men oʻtovdan chiqib, buloq tomon yoʻl oldim. Negadir oʻsha tomon meni oʻziga tortardi, oʻsha yerda tanho boʻlishni istardim.

Osmon gumbazi yulduzlarga torlik qilib, ular ufqdan yerga tomon siljiyotganday. Koʻpchiligi bosh ustida gʻuj-gʻuj boʻlib, hozir tubsiz boʻlib koʻrinayotgan kulcha shaklidagi hovuzcha sathiga toʻplanishgan edi. Ular suvda jilvalanib, husni jamollarini koʻz-koʻz qilishardi. Ularni hovuchlab, laxcha choʻgʻday qirgʻoqqa sepib yuborging keladi. Suvning shildirab oqayotgan joyida ular ham suv bilan birga oqib, mayda toshchalarga aralashib, marvarid donalari singari tovlanardi. Suvning sokin, oʻychan oqqan joylarida esa yulduzlar osmondagi kabi porlab turardi. Xayolimdan shunday fikrni oʻtkazdim: dashtdagi chashma ba’zi koʻngli ochiq va orzu-istaklar bilan toʻlib-toshgan, goʻyo butun olamni oʻzida mujassamlashtirgan insonning ruhiy holatini eslatar ekan.

Men buloq boʻyida oʻtirib, tungi sokin dashtni tomosha qildim, uni butun vujudim bilan his etdim, xayolan qayta tasavvur etdim. Bu shirin xayollarimni kimga aytay, kimga izhor etay? Izohlashim qiyin-u, ammo sochi peshanasiga tushib turgan, nomi noma’lum qiz menga xuddi ana shu odamday tuyulardi. Faqat oʻshagina koʻnglimdagini tushuna olar, faqat oʻshagina his-hayajonlarimga sherik boʻla bilardi. Ehtimol, buning siri bizning birinchi marta shu buloq boʻyida uchrashganimizda va unga Boʻtakoʻz deb nom qoʻygan kezlarimizda paydo boʻlgandir.

Qayerda ekan hozir, mening xayolim u bilan band ekanligini bilarmikin? Yaqinda yerni haydab boʻlamiz, shunda men uni izlab topaman, bu yerga, buloq boʻyiga olib kelib, Anorxoy oʻlkasi haqida hikoya qilib beraman. She’r bilan emas, yoʻq, masxara qilmasin, tagʻin. Anorxoy choʻlining kelajagini oʻzimcha qanday tasavvur etgan boʻlsam, shundayligicha soʻzlab beraman.

Bu yerdan ketayotib yana yulduzlar toʻla osmonga suqlanib qaradim. Nimaiki koʻrsam, koʻzlarim quvonchga toʻlardi. Ammo shu mahal tepalik ustida xotin kishining avvalgidek beoʻxshov va nursiz tosh haykali koʻrindi. Nazarimda, u hozir ham atrofdagi hamma narsalardan bexabar, oqib tushgan nursiz koʻzini qisib, olislarga ruhsiz boqib turardi.

Oy ham chiqdi, men haydalgan yerning narigi tomonida sekin jilib kelayotgan ikkita sharpani sezib qoldim. Bu kiyiklar edi. Qayoqqa ketishayotganikin? Ehtimol, suv ichgani kelishayotgandir. Kiyiklar haydalgan yerning chekkasiga kelib, neft' va temir hidi anqib turgan shudgorga oʻtishga jur’at etolmay, taqqa toʻxtab qolishdi. Ular kumushrang tovlangan oy nurida shu boʻyicha qimir etmay uzoq turishdi. Shoxlari tarvaqaylab ketgani erkak kiyik, yagʻrini pastrogʻi urgʻochi kiyik, oydinda ikkalasining ham katta-katta koʻzlari yaltirab turardi. Yengil boshlarini sergaklik bilan yuqori koʻtarib, bir-birining pinjiga kirib turishardi. Ular shu tarzda uzoq qotib turdilar. Kiyiklarning bu turishi: dashtlikka nima boʻldi, eski soʻqmoq yoʻllar qayoqqa yoʻqoldi, qanday kuch bu yerlar-ni agʻdar-toʻntar qilib tashladiykin, deyayotganday edi.

Ular haydalgan yerdan oʻtishga jur’at etisholmadi. Orqaga qaytishdi, xipcha bellarida oyning kumush shu'lasi xiyol aks etib turardi.

Ular bemalol uzoqlashsin deb, yana bir oz oʻtirdim. Soʻng oʻtovga qaytib kelib, qorongʻida oʻz joyimni paypaslab topdim-da, allamahalgacha uxlayolmay choʻzilib yotdim.

Shu payt qulogʻimga pichirlagan ovoz eshitilib qoldi. Abubakir bilan Qalipa birga yotishgandi. Ehtimol, ilgarilari ham shunday boʻlgandir, biroq men buni bilmasdim. Qalipa entikib yigʻlar, allanarsalarni gapirar edi. Lekin men nimaligini tushuna olmadim.
— Boʻldi, bas endi, yetar, — dedi Abubakir uyqu aralash, — shaharga borsak, hammasini toʻgʻrilaymiz. Bir-ikki kun yotasan-u... Bekorga qaygʻurishning nima keragi bor.

Qalipa alam bilan javob qaytardi:
— Buning uchun tashvishlanayotganim yoʻq. Oʻzimdan nafratlanaman, nega men senday bir odamni sevib qolgan ekanman. Nimangga uchdim sening, hayronman. Koshki sen odamlarga biror yaxshilik qilgan boʻlsang. Nima boʻlib senga bir itday yopishib qolganimni bilmayman.
— Pushaymon qilmaysan, ish tugagach, seni darhol olib ketaman.
— Yoʻq, pushaymon qilaman, umr boʻyi pushaymon qilib oʻtaman. Lekin nima boʻlsa ham ketaman. Yolgʻiz qolishni istamayman...
— Sekinroq gapirsang-chi! Yaqinroq yot, ha, allaqachonoq shunday qilishing kerak edi, butun yostiqni hoʻl qilib tashlaganingni qara.

Men boshimni burkab oldim. Dilimni siyoh qiluvchi bu gaplarni eshitmaslik uchun tezroq uxlab qolgim keldi.

Beshinchi bob

Quyosh kun sayin qizdirayotgan edi. Sorokin tez-tez qatnaydigan boʻlib qoldi. Sur’atni oshirish zarur edi. Vaqt qistalang, tuproq esa tobora qurib boryapti. Biz yana besh kuncha yer haydashimiz kerak. Ekuvchilarning ham shuncha kunlik ishi qolgan.

Sorokinning aytishicha, kuzdan boshlab bu yerlarni shudgor qila boshlaymiz, kelasi yil esa bu yerga juda koʻp traktorlar keltirilib, maxsus RTS tashkil etiladi. Sorokin hamma ishni reja bilan olib borardi. U har kuni choʻlni, undagi jarlik, soyliklaru pastqam yerlarni aylanib yurardi. Dashtni shunchaki bilibgina qolmay, uning har bir qarichigacha oʻrganib olgan, bu yerlarning hammasi uning miyasida oʻrnashib qolganday edi.

Endi Anorxoyda qish qattiq kelgan paytlarda, ilgarigiday mashina va samolyotlarda yem-xashak tashib yurmaslik kerak. Sorokin buning ham ilojini topadi.

Biz Abubakir bilan yarim kechagacha yer haydaymiz. Dalada tunab, tong otishi bilan yana ishga kirishamiz. Ish shu qadar ogʻirki, Abubakir menga tegajoqlik ham qilmay qoʻydi. Xuddi u meni koʻrmayotganday, e’tibor ham bermasdi. Ammo yashirin adovati xoʻmraygan koʻzlaridan sezilib turardi. Bu endi mening uchun xavfli emas. Men oʻz ishimni qilib, oʻz orzu-umidlarim bilan yashayman. Tepalik ostidagi soylikka, choʻponlar oldiga boradigan va u yerda jingala sochli qizchani izlab topadigan kunning kelishini orziqib kutardim.

Oʻsha kunlarda biz yangi bir katta maydonni haydashga kirishgan edik. Oʻz ishingdan qanoatlansang, koʻnglingga yoqqan ish bilan band boʻlsang, biror yangilikka qadam qoʻyish doim maroqli boʻladi. Maktabda oʻqib yurgan kezlarimda ham daftarning yangi sahifasidan yozishni yaxshi koʻrardim. Ertalab hali hech kim yurmagan qor ustidan chopib yurishni, birinchi boʻlib iz qoldirishni sevardim. Bahorda hali hech kim yurmagan togʻ yon bagʻirlariga chiqib, ilk bor ochilgan lolalarni terishga oshiqardim. Bunda kishiga huzur bagʻishlaydigan, oʻziga maftun etadigan qandaydir sir bor. Bepoyon Anorxoy dashtida, hozirgacha inson qadami yetmagan yerda yangi iz qoldirish mening uchun dastlabki satrdek, hali iz tushmagan oppoq qordek, qoʻl urilmagan loladek tuyulardi.

Rama ustida turib olib, plug tishlarining oyogʻim ostidagi birinchi joʻyaklar hosil qilishini zavqlanib tomosha qilaman. Koʻzni qamashtiradigan yaltiroq tishlar sira tinim bilmay yer bagʻrini tilib, qatlamlarni sekin-asta agʻdarib boradi.

Chekkadagi plug tishi ostidan goʻyo toʻlqinlar ustida baliq oʻynoqlayotganday, nimadir toʻsatdan yalt etib ketdi. Tishning yaltiroq yuzida oʻt boʻlib yondi va darhol egat orasida gʻoyib boʻldi. Men shu zahoti plugdan sakrab tushdim-da, oʻzimni oʻsha joyga otdim, tuproq ostidan choʻziq shakldagi ogʻir metall parchasini oldim. Bu shunchalik goʻzal narsa ediki, hayajonlanganimdan qoʻllarimni yozib qichqirib yubordim:
— Oltin!

Ovozimni eshitgan Abubakir menga qayrilib qaradi va traktorni toʻxtata solib yerga sakrab tushdi.
— Nima topding?
— Oltin! Qaragin, Abubakir, oltin!

U men tomon avval sekin-asta, soʻng birdan shoshib yura boshladi. Men bu oltin rangli chiroyli narsani kaftimda tutib unga uzatdim.
— Qani! Nahotki oltin boʻlsa! — deb, men uzatgan narsani qoʻliga oldi va u yoq-bu yogʻini koʻrib, yengi bilan artdi. — He, bu yerda oltin nima qilsin, — dedi boʻgʻiq ovoz bilan. Keyin kutilmaganda rangi oʻchib ketdi, — oltin boʻlishi mumkin emas, — Abubakir metall parchasidagi loylarni tirnogʻi bilan tushirib, zoʻrma-zoʻraki iljaydi. Koʻzlarimga boqmay istar-istamas metallni menga uzatdi.
— Nega, oltin boʻlmas ekan! — dedim jahl bilan. — Buning ogʻirligini koʻr, 800 grammcha keladi. XII asrda bu yerlarda moʻgʻullar yashagan. Ular bu yerga kelishdan oldin Xitoyni zabt etib, koʻplab oltin olib chiqib ketganlar. Ehtimol, bu ham ana shu tarzda bu yerlarga kelib qolgandir. — Men bu gaplarni topgan narsam haqiqatan ham oltin ekanligini tasdiqlash uchun aytdim. Ana shu ishonch bilan mast boʻlib, xom xayolimni davom ettirdim. Oʻzimni ham, hayratda qolgan Abubakirni ham soʻzlarimning toʻgʻriligiga ishontirmoqchi boʻldim. — Bilasanmi, bu narsa necha asrlardan beri yer ostida yotibdi? Boʻlak metall boʻlsa allaqachon zanglab ketardi. Bu esa zanglamagan, haqiqiy oltin. Bir vaqtlar bu yerda Anorxoy koʻchmanchi qabilalari oʻzaro jang qilganlar. Bu yerlarda qanaqa janglar boʻlganini bilsang edi! Bu narsa oʻsha zamonlardagi xonlar qilichining dastasi boʻlsa ehtimol. Mana, oʻzing ham ushlab koʻr, ushlash uchun qanday qulay.

Abubakir parchani olib, qoʻlida salmoqlab koʻrdi.
— Oltin boʻlmasa ham, qiziqchilik uchun biladigan kishilarga koʻrsatish kerak, — dedi-da, uni choʻntagiga solib qoʻydi. — Yana sen buni plugdan tushirib qoʻyma, menda tursin.
— X,a, mayli, — rozi boʻldim men.

Abubakir ogʻirlashgan choʻntagini ushlaganicha traktor tomon ketdi.

Biz yana ishni davom ettirdik. Men topgan narsamni qanday qilib oʻqituvchim Oldiyorovga esdalik uchun yetkazishni oʻylardim. Unda bunaqangi buyumlar koʻp. Topgan buyumimni koʻrsa u, albatta, biror qiziq narsani hikoya qilib berar edi. Keyinchalik men charchab qolib, oltinimni unutdim. Traktorning bezovta harakati meni juda ezib qoʻydi: hozir Abubakir mashinani juda gʻalati haydayotgandi. Goh ikkilanganday sekin yurgizar, goh motorni qattiq gurullatib shiddat bilan haydar edi. Traktorning trubasidan burqsib chiqqan qora tutun haydalgan yerga nim rang boʻlib yoyilar edi.

Biz kechgacha shu holda ishladik. Quyosh bottan boʻlsa-da, dala yorugʻ edi. Abubakir kabinadan bir necha bor bosh chiqarib, menga allaqanday sirli qarab qoʻydi. Mana, u traktorni ham toʻxtatdi.
— Bu yoqqa kel! — deb qoʻl silkidi u.

Men kabinaga chikdim. Abubakirning rangi-roʻyi oʻchib, koʻzlari sarosimalik bilan chor atrofga alanglardi. U peshanasidagi terlarni artib, motor ovozi aralash shunday dedi:
— Qichqiray desam ovozim yetmasdi, sen bor, richaglarni oʻrnatgin-da, keyin traktorni bir oz oʻzing hayda. Tobim qochib turibdi, negadir mazam yoʻq. Sof havoda aylanib kelay-chi, zora tuzalib qolsam...
— Bor, boraver, — dedim men.

Plug oldiga borib qaytib kelgunimcha Abubakir traktordan tushdi. U rangi oqarib, birdaniga oʻzgarib ketgan edi. Ikki bukchayganicha asta qadam tashlab, indamay bir chekkaga qarab yoʻl oldi.

«Ha, u qattiq kasal boʻlib qolganga oʻxshaydi. Ehtimol qorni ogʻriyotgandir, ana, qornini ushlagancha bukchayib ketyapti», — dedim koʻnglimda va traktorni haydab ketdim.

Traktor bir tekisda jadallab yurib ketdi. U yana mening ixtiyorimda edi. Har galgidek hayajonlanib, mashinani toʻgʻri haydashga intilaman. Kartaning u burchiga yetib traktorni burdim-da, orqamga qaytdim. Qosh qorayib, sovuq tusha boshlagan edi. Oldinga diqqat bilan qarab: «Yana ikki marta aylangach, traktorning chiroqlarini yoqaman», deb koʻnglimdan oʻtkazdim. Oldimda, tepalikning yon bagʻrida kimdir tez-tez qadam tashlab uzoqlashib borardi. Keyin u pastga chopib tushib, koʻzdan gʻoyib boʻldi. Men uning yelkasinigina koʻrib qoldim. Bu Abubakir edi. Unga nima boʻldi? Qayoqqa yugurib ketdi u? Ehtimol, biror narsa koʻrib qolgandir. Dalaning oʻrtasiga borib kabinadan boshimni chiqargan holda bir daqiqa qarab turdim, ammo Abubakir koʻrinmadi. U qayoqqa ketdiykin? Axir, u kasal edi-ku? Qiziq. Traktorni toʻxtatdim-da, motorni sekin yurgizib qoʻydim.
— Abubakir! Hoy, Abubakir-i-ir! — deb qichqir-dim. Undan sado chiqmadi. Shundan keyin ovozim baralla eshitilsin deb motorni butunlay oʻchirib qoʻydim.
— Abubaki-ir-ir! Qayerga ketding, javob ber! — deb qichqirdim choʻlga qarab.

Lekin oqshom qoʻynida keng dala sukut sakdardi.

Uning ahvoli ogʻirlashib qolgan boʻlsa-chi? Xayolimda u gʻujanak boʻlib toʻlgʻanib, qaddini rostlay olmay, yerda yumalab yotganday edi. Traktordan sakrab tushdimda, jonim boricha chopib ketdim. Tepalikdan oshib tushib u yoq-bu yoqqa qaradim. Hech kim koʻrinmasdi. Bir baland tepalik ustiga chiqib qarasam tekis dalada ketib borayotgan Abubakir koʻrinib qoldi. U ancha uzoqlashib ketgan edi.
— Abubaki-ir-ir! Qayoqqa ketyapsan? — deb qichqirardim. Biroq u orqasiga qayrilib qaramadi, koʻp oʻtmay esa xuddi yer yutganday koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Men yana bir oz turdim-da, ma’yusgina orqamga qaytdim. Ufq shu’lasining soʻnggi tigʻlari koʻkda zaif jilvalanardi. Dasht sahnini qorongʻilik qopladi.

Iztirobga tushib, parishonxotir yurib borardim. Bu sukunat menga birdan gʻalati boʻlib tuyuldi. Goʻyo dasht mening qadam tashlashlarimga, fikru oʻylarimga quloq solib turganday edi. Men Abubakirni oʻylardim. Bu oʻlkada oʻtmishda boʻlgan voqealarni gapirganimda Abubakir meni masxara qilar, gaplarimga ishonmasdi. Endi boʻlsa bu la’nati oltin haqida qayokdagi gaplarni gapirsam ham hangu mang boʻlib qoldi... Yoʻq, bunday kishilar hushini yoʻqotmaydi! Aslida u allaqachonlardan beri bir yomon fikrda yurgan ekan chogʻi. Bu hakda ba’zan gapirib, Sorokinni qoʻrqitmoqchi ham boʻlardi. U bu yerdagilarning hammasini yomon koʻrardi. Hamma bilan bir-bir urishib chiqqan. Xoʻsh, Qalipa-chi? Abubakir hammadan ham koʻra undan tezroq qutulishni oʻylardi. Bu homilador xotinning ishqini Abubakir boshiga urarmidi. Maoshini ham kutib yurgan ekan shekilli. Kechagina maosh oldi, yonida katta pul; u hech qachon pulini oʻtovda qoldirmay, doim oʻzi bilan birga olib yurardi. Demak, u bir oz pul toʻplagan, buning ustiga, men topgan narsa oltin boʻlib chiqsami...

Xayolimni Qalipaning ovozi boʻldi:
— Abubaki-i-i-ir! Qayokdasizlar!

Tunda ishlashimiz uchun u bidonlarda suv keltirgandi:
— Qayoqqa ketib qoldinglar? — Qalipa meni tashvishlanib qarshi oldi. Yuragimni vahima bosib ketdi! — Senlarni kutyapman-kutyapman, traktor turibdi-yu, daraklaring yoʻq!

Men unga nima ham der edim. Gapning rostini aytdim-qoʻydim:
— Abubakir ishni tashlab ketib qoldi.
— A... Nega? Nima uchun? — duduqlanib soʻradi Qalipa.
— Bilmadim.

Unga oltin haqida ogʻiz ochmadim. Abubakirning bu ishidan uyalib ketgan edim.
— Demak, ketibdi-da?.. — Qalipa bir oz jim turdi-da, soʻng aravadan bidonni shiddat bilan koʻtarib zoʻrgʻa yerga tushirdi.
— Bu suvni nega olib yuribman-a? — dedi dovdiragancha oʻziga-oʻzi.

Men bidonni koʻtarib, radiator yoniga olib bordim. Qalipa esa kabinaga yuzini qoʻyib achchiq-achchiq yigʻladi.

Koʻnglim buzilib ketdi. Uni qanday qilib yupatishni bilmadim.
— Balki qaytib kelar, — dedim oʻz gapimga oʻzim ham ishonmay.
— Men uning uchun yigʻlayotganim yoʻq, — dedi u oʻpkasi toʻlib, koʻz yoshlari bilan yuvilgan yuzini menga oʻgirib. — Ishonardim, orzu qilardim! Lekin kimga ishonib yurgan ekanman? Nimani orzu qilib yurgan ekanman? — deya toʻsatdan figʻon koʻtardi, dardli ovozining aks-sadosi butun dashtni qopladi. — Ishchan yigit deb oʻylovdim, badfe’lligi bora-bora yoʻqolib ketar deb oʻylagandim. Yaxshilik bilan, mehr-muhabbat bilan uning qalbini yumshatmoqchi boʻluvdim. U boʻlsa hech narsani tushunishni istamadi. Qanday kelgan boʻlsa, shundayicha gʻoyib boʻldi. Alam qiladi odamga, bilsang edi, shunday alam qiladiki!

Men ma’yus va garang boʻlgan holda jim turardim. Qalipaning ahvoliga juda achindim. U qanday qilib mana shunday odamni sevib qolganligini tushuna ol-masdim... Ammo Abubakir bugun Qalipani tashlab ketib, haqiqiy baxtdan ajralganligini bilsa edi, unda Qalipa emas, balki uning oʻzi qish boʻronida qolgan boʻriday boʻkirib yigʻlardi.

Qalipa aravaga oʻtirdi-da, xomushgina qaytib ketdi.

Anorxoy dashti jimgina uxlab yotardi. Uzoq-uzoqlardan parovoz gudogi yovshon butalari uzra arang yetib kelardi. Ehtimol Abubakir yuk poyezdiga osilib ketayotgandir. Ketaver, ablah, sening yoʻling oʻsha yokda! Anorxoy sensiz ham turaveradi, sensiz ham ishimizni bajaraveramiz.

Uni boshqa eslashni istamasdim. Ishga kirishish kerak. Men motorni yondirish uchun ancha urindim. Keyin kabinaga oʻtirdim, chiroqlarni yoqib yubordim. Endi hamma ish uchun oʻzim javobgarman. Qani endi oʻsha dilbar qiz hozir yonimda boʻlsa-yu, bu yovvoyi yovshonzor dasht ajoyib Anorxoy oʻlkasiga aylanajagini hikoya qilib bersam.