OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifChingiz Aytmatov
Asar nomiOʻtar Qush Nolasi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Qirgʻiz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Chingiz Aytmatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm34KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/05/23
Manbahttp://adabiyot.com/tarjima...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Oʻtar Qush Nolasi
Chingiz Aytmatov

Rivoyat

Tozi deganingiz allambalo it-da — ovuldan bir toʻp otliq chiqdi deguncha hoziru nozir. Toʻs-toʻpolonda ergashib olganini sezmay qolasiz, endi uni haydab, orqasiga qaytarib boʻpsiz, doʻq-poʻpsalaringiz bir pul — bari-bir ketmaydi, goʻyo hayiqqanday chetga chiqib, loʻkillab ketaveradi. Rostdan ham tozilar gʻalati maxluq — ularga dala- dasht boʻlsa, shovqin-suron boʻlsa, odam gavjum boʻlsa bas, shunday paytlarni kutgani-kutgan; ehtimol shuning uchun ham ovchi it deyilsa kerak…

Elomon itning ketidan quvib Koʻlgacha chopib bordi. U dafn marosimida soʻyish uchun moʻljallangan ikki yashar navvosni boylab berishda xotin-xalaj, qari-qartang bilan birga ketayotgan akasi Turmanga qarashib yurganida tozi iti Uchar olomonga ilashib, azza-bazza safarga otlanib qolibdi: quvonchi ichiga sigʻmay u yoqdan-bu yoqqa chopadi, hali buni, hali uni hidlab-hidlab qoʻyadi, butalar atrofida sakrab-sakrab, goho bir zum toʻxtab, hurib ham qoʻyadi, odamlarni safarga tezlaydi. Elomon itining otini aytib ham, avrab-aldab ham qancha chaqirmasin, bari befoyda ketdi. Odamlarning ovga emas, balki ta’ziyaga — kennoyisi Olmoshning qoʻshni qishloqda toʻsatdan vafot etib qolgan oʻn yetti yoshli singlisining janozasiga borayotganlarini aqlsiz it qayoqdan bilsin, deysiz; buni biyalarga, hoʻkizlarga minib olganlar orasida chopqir otli bironta ham yosh yigit yoʻqligidan bilib olsa ham boʻlardi. Issiqkoʻl atroflarini makon tutgan barcha erkaklar, jamiki eng yaxshi otlar, qurol koʻtarishga qurbi yetadigan qirgʻizman degan yigit borki, barisi, oʻsha kuni uzoqda, togʻlarning narigi tomonida, bu yerdan uch kunlik yoʻl boʻlgan Tolchuy vodiysida bosqinchi jungʻor lashkarlari bilan jon olib jon berib jang qilayotganiga tozi itning aqli yetarmidi!

Mana, besh kundirki, Tolchuy vodiysidan hech bir xabar yoʻq. Ahmoq it, sarang it — butun bir xalqning taqdiri ne kechgani noma’lum boʻlib turgan bir paytda qanday odam ov haqida oʻylay olardi? Aslini olganda, odamlarning gʻam-tashvishlari it uchun bir pul, urush, ayriliq, oʻlim, umuman inson bolasining gʻurbatlari bilan itning nima ishi bor; qani edi, uning oldidan lip etib quyonmi, tulkimi chiqa qolsa-yu, toʻzgʻitib quva ketsa, bunday onlarda otliqlar ham tozidan qolishmaydi — jonini jabborga topshirib, oʻlganiga qaramay oʻlja ketidan ot solishadi…

Tozi toqati toq boʻlganidan oʻqtin-oʻqtin gʻingshib-gʻingshib qoʻyar, goho hammaning oldiga oʻtib, qisqa-qisqa hurar, sakrab-sakrab odamlarni gir aylanib «bunchalik imillamasanglar» degandek, shoshilishga undar, «tezroq yuringlar», degan da’vati shunday koʻzidan, butun borligʻidan koʻrinib turardi. Lekin sira Elomonga tutqich bermasdi. Itga qoʻyib bersa, qani edi, suvoriylar Uchar ketidan otlarini choptirsalar, uzangilarida tik turib qiy-chuv solsalar, yov ketidan quvganlaridek shovqin-suron koʻtarsalaru butun borliq ov zavq-shavqi bilan yashasa. Tozi hammani ana shunday ov nash’asini surishga chorlardi…

E-voh! Odamlar ovga emas, janozaga ketishayotgandi. Cholu kampirlar gʻam-alamdan boshlarini xam qilib, jigarlari Sengirboyning kelini Olmoshning boshiga tushgan kulfatga sherik boʻlib, qondoshlik burchlarini oʻtash uchun ketishayotgan edi. Shu bois qora tozi it Ucharga hech kim e’tibor bermasdi. Shum xabar urugʻdoshlar uchun eng ogʻir va xatarli bir paytda yetib keldi. Ular bundan, bor-yoʻgʻi olti oy burun Sengirboyning hurmati deb emas, — axir, u kim boʻlibdi, — balki Olmoshning eri, hozir Tolchuy vodiysida ulkan qirgʻin-barot jangda qatnashayotgan Qoʻychimanning hurmati, eng muhimi, ushoq qashshoq boʻziylar urugʻining faxri, buyuk oʻtovsoz usta Sengirboylar oilasiga kelin boʻlib tushgan Olmoshning hurmati uchun tishlarini-tishlariga qoʻyib chidayotgan edilar bu ovoragarchiliklarga. Sengirboy bobo esa, mana, uch kun boʻlibdiki, turolmasdan yotibdi — cholni koʻpdan beri yuragi bezovta qilardi, qudalar tarafdan kelgan sovuq xabar ustani yiqitdi — Sengirboylar kelinining bir qorindan talashib tushgan singlisi — oʻn yetti yashar Ulqan dunyodan koʻz yumibdi. Oʻtovsoz usta qudalarining hurmati va urugʻdoshlarning udumi, deb boʻyiga yetgan qiz bolaning dafn marosimida ishtirok etish uchun shosha-pisha poʻstinini kiydi, oʻsmir oʻgʻillaridan Turman bilan Elomon cholning ikki qoʻltigʻidan ushlab hovlida egarlogʻliq turgan otga tomon yurishayotgan edi, Sengirboy bobo oʻtov boʻsagʻasidan oʻtishi bilanoq yuragini changallab qoldi, oyogʻini uzangiga solishga ham ulgura olmadi. Ogʻriqdan ingrab, otning yoliga yopishganicha, oyoqda bazoʻr turib yiqilgudek chayqaldi.

Shunda urf-odatga koʻra, butun ishlarni xotini Kertoʻlgʻa-zaifa oʻz qoʻliga oldi.

Kampir lozim boʻlsa, hamma ishni joyiga qoʻyadi. Kertoʻlgʻa-zaifa cholini oʻgʻillari yordamida uyga olib kirdi, yechintirdi, tezgina oʻrniga yotqizdi va oʻtovsozga dedi:

— Usta, qudalarnikiga janozaga bora olmasangiz, Xudo koʻrib turibdi, oʻzi kechiradi.

Bu ishni menga topshiring. Sizdan keyin bu uyning kayvonisi men endi, vaqti kelar, boʻzuay urugʻimizning urugʻ onasi ham men boʻlaman. Motamda yigʻlash uchun boʻzuyliklarga men bosh boʻlib borsam, qudalar xafa boʻlishmas. Hozir xafa boʻlishning mavridi emas — Tolchuy vodiysida nimalar yuz berayotganini hech kim bilmaydi: oʻgʻillarimiz gʻalaba bilan qaytishadimi, xudo biladi. Hozircha hech xabar yoʻq — hamma yuragini hovuchlab turibdi. Siz xudodan tani sogʻliq soʻrang, jang qilayotganlarga omad tilang! Oʻzingizni ehtiyotlang, siz boʻzuyliklarning boshchisisiz, mening uchun esa, uch bolamning otasi, eng ulugʻ odamsiz. Mana shu musibatli xizmatni ado etishni menga ishoning. Oʻrningizdan turmang, yoting. Elomon sizga qarab turadi, biz hammamiz yoʻlga otlanamiz.

Shunday gap soʻz boʻlib oʻtdi. Bu gaplardan keyin rangida rang qolmagan, yuzini ter bosgan oʻtovsoz usta Sengir-boy boshini yostiqdan koʻtarmasdan eshitilar-eshitilmas dedi:

— Sen haqsan, kampir. Men borolmagach, sen borishing kerak. Sen boʻzuyliklarning barini ergashtirib bor. Kelinimiz Olmosh qarindosh-urugʻlari orasida yolgʻizlanib qolmasin. Uzoqdan yigʻi beringlar, hamma eshitsin, barcha boʻzuyliklarning yigʻlaganini xalq bilsin, ovozlaringni baland koʻtarib girya qilinglarki, qudalarimiz kuyovlari Qoʻychiman bilan oʻlim toʻshagida yotgan katta quda — mening yoʻqligimni sezishmasin. Bilib qoʻyinglar: hammamiz inson ekanmiz, urush qancha dahshatli boʻlmasin, oʻlganlarni hurmat-izzat bilan dafn etishni unutmasligimiz kerak…

Shu ravishda, ushoq boʻzuy urugʻidan boʻlgan bolali ayollar, chol-kampirlar yoʻlga chiqishdi, ularning butun qalbi jungor oʻyrotlari bilan boʻlayotgan jang nima bilan tugarkan, deb bezovta edi. Hamma oʻsha tomonda, Tolchuy vodiysida nimalar sodir boʻlayotgani haqida oʻylardi: nega, hech xabar yoʻq? Nega, hech kim hech narsani bilmaydi? Urugʻning, xalqning or-nomusini saqlab qolish uchun yigitlar qirgʻin-barotga yuz tutib ketishgan. Ular koʻngillari gʻash, zoʻr xavotirda joʻnab ketishgan.

Ucharni tutib, boʻyniga kamarini solish Elomon uchun oson boʻlmadi — tozining odamlarga qoʻshilib ketib qolishi hech gap emas edi-da! Shunda ham Uchar boʻynidagi bogʻichi bilan olgʻa intilar, boʻshab ketishga urinardi. Lekin itni qoʻyib yuborish mumkin emas — yot joylarda tozini ovul itlari galasi gʻajib tashlagan boʻlardi. Albatta, shunday boʻlardi.

Elomon Ucharni boʻynidan ushlab turar ekan, nima deyishini bilmay turib qoldi. Janozaga ketayotganlarga «Yaxshi borib kelinglar» deyishmaydi-ku! Onasi oti ustida jilovni tortib turar ekan, oʻgʻliga: nega serrayib turib qolding? Tezroq uyga borsang-chi! — dedi qovogʻini solib. — Otangga qara, eshityapsanmi? Oldidan bir qadam ham ketma, uqdingmi?

Elomon «tushundim» degandek bosh irgʻadi. Onasi aytganlarining hammasini qiladi.

Elomon onasiga, uning bugʻdoyrang, ajinlar bilan qoplangan gʻamgin qarimsiq yuziga boqar ekan, kampirning hozirgiday tashvish tortganini hech eslay olmaydi. Elomon onasiga qarab dedi: «Koʻrgiliklarimiz bor ekan, endi siz ketavering. Biz uchun gʻam yemang. Men endi yosh bola emasman-ku! hamma tayinlaganlaringizni qilaman.

Otamdan bir qadam nari jilmayman. Faqat Qoʻychiman akam ot ustida uzangisiga oyoq tirab omon kelsa bas. Jasadini egarga oʻngarib kelishmasa boʻlgani. Ilohim, barcha yigitlar ot ustida oʻzlari tik turib kelishsin, egarga boʻktargi qilib koʻndalang yotqizib kelgilik etmasin! Otam bilan men haqimda tashvish tortmang, sizning buyurganlaringizning hammasini qilaman».

Kertoʻlgʻa-zaifa tizginni tortib turar ekan, qora tozi iti bilan yolgʻizoyoq yoʻlda qolgan kenjatoyiga koʻz qirini solar ekan, toʻsatdan yuragida ogʻriq paydo boʻldi, xayolidan shunday oʻylar kechdi: bu hali bola-ku, otasi nima boʻlarkan, akasi Qoʻychiman salomatmikan yoki oʻyrotlarning nayzasidan yer tishlab qoldimikan?

Cholimning, oʻgʻillarimning holi ne kecharkan, barcha-barchasining, el-yurtning boshiga qanday kunlar tusharkan? Ana shu dahshatli oʻy-xayollarini bildirib qoʻymaslik uchun gʻoʻldiradi:

— Oʻgʻlim, ovulga chop, seni va otangni Tangriga topshirdim. Sal yurgach, yana toʻxtadi — borishing bilan otangga haligi oʻtdan damlama qilib ichir…

— Xoʻp boʻladi, darrov damlama qilib beraman, — deb onasiga va’da berdi. Kampirning bu gaplarga koʻngli toʻlmadi shekilli, dorini tayyorlash yoʻllarini tushuntira ketdi:

— Oʻtning ustiga vaqirlab turgan qaynoq suv quyib damlab qoʻyasan, sal sovigandan keyin otangga berasan, terlaguncha ichsin, shundan keyin koʻkragi boʻshab yengil tortib qoladi.

— Mening gaplarimni uqdingmi, tushundingmi? — deb qayta-qayta soʻradi oʻgʻlidan Kertoʻlgʻa-zaifa.

Aytganlarining hammasiga oʻgʻlining tushunib olganiga ishonch hosil qilgach, boyvuchcha boshqalar ketidan otiga qam-chi bosib koʻl boʻylab ketdi. Lekin sal oʻtmasdan u yoq-bu yoqqa alang-jalang qarar ekan, yana toʻxtadi-da otdan tushdi:

— Elomon, bu yoqqa kel, bolam, — deb oʻgʻlini chaqirdi. — Otni ushlab tur, men Koʻlga sigʻinib olay. Ketdik.

Kampir shunday dedi-da koʻlga yuzini burdi va shoshilmasdan koʻlga qarab salobat bilan tantanovor qadam tashladi. Qattiq shamollar turganda toʻlqin-toʻlqin boʻlib uyulib qolgan top-toza qizgʻish mayda qum ustidan yurdi. Boshiga surpdan sallaga oʻxshatib tomogʻigacha qattiq oʻrab olgan oppoq qorday katta elachakdan boyvuchchaning faqat yuzi koʻrinardi; elachakda kampir biroz yashargandek tuyulsa-da, chakkasidan oq sochlari koʻrinib turardi. Boyvuchcha qarisa ham jismonan hali baquvvat, hatto xushbichim edi. Olmoshni kelin qilib tushirgungacha butun tirikchilikni oʻzi qilar edi-da — toʻrtta erkak: uch oʻgʻil bilan eriga qarashning oʻzi boʻlmaydi, uy ishlarida esa, erkaklarning foydasidan zarari koʻproq.

Koʻl yoqasidagi qum ustida ohista oyoq bosar ekan, Kertoʻlgʻa-zaifa dunyo va oila tashvishlarini bir zum unutgandek, fikrini jamlab, koʻlga qarab yurdi-da, qandaydir hayajon va ruhiy koʻtarinkilik bilan oʻynoqi moviy suv yuziga, uzoq-uzoqlarda boʻzarib turgan qorli choʻqqilarga, togʻ tepalaridagi xira bulutlarga nazar tashladi. Bularning hammasi odam uchun makon qilib yaratilgan zohiriy bir keng dunyo, iloh kabi qudratli, uning yerdagi timsoli kabi hayotbaxsh dunyo ediki, bani bashar ana shu dunyo izmida boʻlib kelgan.

Kertoʻlgʻa-zaifa koʻpirib kelib-koʻpirib qaytib turadigan qirgʻoq toʻlqini yetar-etmas joyda mayda shagʻallar ustida toʻxtadi. Elomon ham bir qoʻli bilan otni yetaklab, ikkinchisida tozisini ushlab shu yerga keldi. Ona choʻkka tushib oʻtirdi, oʻgʻli ham choʻkkaladi; shundan keyin kampir sekin va ohista pichirlab Koʻlga yolvora boshladi:

— Ey, Issiqkoʻl, sen Yerning koʻzisan, sen har doim osmonga boqib turasan. Men senga iltijo qilaman, sen — mangu, muzlamaydigan Issiqkoʻlsan, men Koʻkka, hokimi taqdir boʻlmish Tangriga munojot qilaman, Tangri sening qa’ringga nazar tashlaganda mening oʻtinchlarimni bilib olajak.

Ey Tangri, xatarli va dahshatli damlarda oʻyrotlarga qarshi kurashda bizga kuch-qudrat ber. Togʻlaringda sening ne’matlaringdan tatib, yaylov-oʻtloqlaringda chorva mollarini boqib kun koʻradigan olti aymoqli qirgʻiz xalqimizni oʻzing asra. Bizning oʻchoqlarimizning oʻyrot otlari tuyoqlari ostida toptalishiga yoʻl qoʻyma. Odil boʻl — ayovsiz ochiq jangda bizga gʻalabangni darigʻ tutma. Huv, anavi togʻlar ortida, Tolchuy vodiysida nimalar boʻlayotganini bilmaymiz. Na bir xabar bor, na bir chopar bor jang maydonidan — kutaverib koʻzlarimiz teshildi, yuraklarimiz adoyi tamom boʻldi. Nimalar boʻlyapi? Bizlarni ertaga nimalar kutyapti? Tangrim, dushman bilan ayovsiz jang qilish uchun ketgan yigitlarning jonlarini omon saqla. Bizlarga ularni egar ustida koʻrishni nasib et, jasadlari otlariga ortib kelgulik qila koʻrma, iloyim.

Mening ibodatimni eshit, men uch oʻgʻilning onasiman…

Elomon ham choʻkka tushib, bir qoʻli bilan tozisi Ucharning boʻynidagi kamardan, ikkinchi qoʻli bilan esa yoldor jiyron biyaning tizginidan tutib turardi. U koʻl yuzasining nafas olgandek bir pasayib, bir koʻtarilib turgan qoramtir sagʻrisiga ahamiyat berdi. Koʻl hozir sokin edi, suv yuzasi mayda toʻlqinlar yolqinida jonlanib yotardi. Uzoq choʻzilgan qishning adogʻida, bahor boshlarida Issiqkoʻl sohili ovloq qolgandek, oʻt-oʻlansiz edi — toʻqaylar ship-shiydam, quruq xas-choʻplar fayzsiz; na bir oʻtov bor, na bir otliq, na koʻch-koʻron, na dalada mol podalari…

Biroq Issiqkoʻl boʻyida qishlab qolgan oʻtar qushlar bahor hididan yangi oʻlkalarga yoʻl olish payti yaqinlashib qolganini sezib, koʻl ustida toʻp-toʻp boʻlib ucha boshlaydilar, ulkan galalarga uyushgan qushlar esa togʻ etaklari boʻylab parvoz qilib, tez uchish mashqini oladilar. Qayoqqa qaramang, qushlarning shodon qichqiriqlari va ovozlari yogʻduli bahor havosida uzoq-uzoqlarga taraladi.

Mana, yaqinginada bir qiziloyoqli, kulrang gʻozlar galasi shiddat bilan uchib oʻtgani koʻzga chalindi. Gʻozlar bebosh shovqin koʻtarib, ovozlarining boricha gʻaqillab shunday past uchib oʻtdilarki, qanot patlarining shovullagani ham eshitilib turdi.

Elomon koʻl ustida uchib yurgan bir necha gala oʻtar qushlarni koʻrdi. Bular gʻozlarmi, oʻrdaklarmi, oqqushlarmi yoki uzunoyoq ochpushti qizilgʻozlarmi — bola farqlay olmasdi. Chunki bu qushlar juda uzoqda va balandda toʻp-toʻp boʻlib uchib oʻtardi.

Faqat ularning chugʻur-chugʻuri ba’zan aniq eshitilsa, ba’zida elas-elas quloqqa chalinardi. «Demak, bu qushlar ertami-indin uchib ketadi», deb oʻylab qoldi bola.

Onasi esa, dildagi butun dardini aytib, jon-jahdi va ehtiros bilan Koʻk Tangriga tavallo qilardi. U eri — buyuk oʻtovsoz Sengirboyga rahm-shafqat etishini soʻradi, axir ustaning dardi tobora kuchayib borayotir, hatto bugun otga ham mina olmadi.

— Tangrim, otamiz, qoʻli gul ustaning jonini omon saqla, — dedi u. — Bizning diyorimizda oʻtovsoz Sengirboyning qoʻli bilan yasalmagan bironta oʻtovni topish amri mahol. Uning oʻz umrida qancha oʻtov yasaganini hech kim bilmaydi! Axir, hech kim boshpanasiz yashay olmaydi — yosh ham, qari ham, boy ham, kambagʻal ham,

qoʻychivon ham, biya sogʻuvchi ham!

U yana Tangridan nevaralar soʻradi, yana qanchadan-qancha iltijolar qildi… Axir, odamning orzu-havasi, dardu alami kam deysizmi bu dunyoda…

Qordan choyshab yopingan qoyali togʻlar orasida osmonga koʻz qadagan buyuk koʻk koʻl suvi tinim bilmas, jonli maxluqday toʻlgʻanar, oʻz-oʻzidan paydo boʻlib, yana yoʻqoladigan ulkan erinchoq toʻlqinlarni bagʻrida erkalar edi. Obi ombor kechasi boʻron koʻtarish uchun ummon yangligʻ kerishib kuch yigʻayotgandek edi.

Hozircha esa, shaffof koʻl ustida, uning bahor quyoshini emgan zilol suvlari tepasida dunyo boʻylab yangi uzoq va xatarli safarga otlanadigan payt yaqinlashayotganini sezgan oʻtar qushlar hamon yuksaklikda chappor urar, hamon joʻrovoz boʻlib, jar solib osmonni boshiga koʻtarardi.

Ona boʻlsa hamon astoydil, butun borligʻi bilan munojot qilardi:

— Tangrim, eshit, oʻzimning oq ona sutim hurmati-la, yolvorib oʻtinaman! Senga, buyuk hokimi taqdirga — Koʻk Tangriga iltijo qilish uchun biz bu yerga, sening Yerdagi koʻzingga — muqaddas Issiqkoʻlingga keldik. Mana men, mening yonimda oʻgʻlim Elomon — mening kenjatoyim, endi men na yaxshi, na yomon farzand tugʻa olaman, faqat sendan soʻraganim shuki, mening erkatoyimga otasi Sengirboyning ustaligini ber, oʻzining ustalikka ebi ham bor… Kenjatoyim akasi Qoʻychimanga oʻxshab — «Manas» aytmoqchi. Bu iltijomni ham ijobat qil, eng avvalo va eng muhimi, unga azaliy Soʻzning qudratini ato et — oʻsha Soʻz ildiz otgandek jon va tan bilan chirmashib ketsin, u Soʻzni — ajdodlardan avlodlarga oʻtadigan, oʻz bolalari va nevaralari uchun qoladigan Soʻzni asrab-avaylasin, ajdodlar qirgʻiz nomini olgan davrdan yetib kelgan Soʻzni oʻzida jo qila oladigan kuch-qudrat ber unga…

Men uch oʻgʻilning onasiman, Tangrim, mening iltijolarimni qabul qilgaysan. Odam bilan doimo yonma-yon yashaydigan tilsiz maxluqlar — oʻgʻlimning oʻng tarafida turgan va manaman degan yirtqichni quvib yetadigan bizning tozi itimiz Uchar ham, oʻgʻlimning chap tarafida turgan, biron marta qisir qolmagan jiyron biya ham bizlar bilan birga oʻtinib soʻraydi Sendan…

Elomonga shunday tuyuldiki, onasi garchi pichirlab, eshitilar-eshitilmas ohangda munojot qilgan boʻlsa ham, uning soʻzlari hammani sehrlab qoʻygan joʻshqin xitob singari butun koʻl boʻylab yangrab, hamma yoqqa yoyilib taralib ketdi; goʻyo uning soʻzlari koʻl atrofidagi togʻlarda «Tangrim, menga quloq sol, mening soʻzlarimni eshit…» degan tashvishli va aniq aks-sado berdi.

Onasi otga minib, koʻlning jiyagida kichkina toʻp boʻlib uzoqlashib ketgan sheriklari ortidan shosha-pisha joʻnab ketgandan keyin ham Elomon sevikli tozisi Ucharni ushlaganicha ancha vaqtgacha joyida turib qoldi. Bola hali oʻsha kunni, Koʻlda onasi Tangriga iltijo qilgan oʻsha daqiqalarni umrida bir-ikki martagina emas, balki koʻp martalab esga olajagini, xursandchilik onlarida ham, boshiga ish tushgan paytlarda ham yigʻlab eslayajagini, onasi Elomonning buyuk manaschi boʻlishini Tangridan soʻragani uchun, shuning sharofati boʻlsa kerak, xalq uni «Momaqaldiroqdek guldiragan manaschi Elomon» deb atagani uchun taqdiridan rozi boʻlajagini hali bilmasdi. U oʻzining yoshlik davri oʻyrotlarning bosqinchilik yillariga toʻgʻri kelishini, qirgʻizlarning «Manas«ni Elomon ijrosida ovloq daralarga yashirinib olib, yigʻlab eshitajaklarini xayoliga ham keltirmasdi. Elomon «Manas» aytishga kirishishdan avval onasining Koʻl boʻyidagi duosini albatta eslayajagini, manaschi oʻgʻli Elomonni yashirgani uchun onasini oʻyrotlar oʻldirajaklarini, dostonning yurakdan chiqqan boshlamasi Elomon uchun ham taskin, ham xalq ruhi buyukligi, ham xalqning umrboqiyligi kuylangan Soʻzning goʻzalligi va teranligi ifodasi boʻlajagi haqida oʻylab ham koʻrmagandi. U «Manas»ning Elomon ogʻzidan chiqqan quyidagi soʻzlarini odamlarning butun vujudi quloqqa aylanib, nafas olishdan ham oʻzlarini tiyib eshitajaklarini bilmasdi:

«Qirgʻizlar, qirgʻizimiz, hammamizdan buyugimiz Manas haqida soʻz ochay.

Oʻsha kunlardan to shu kunlargacha qancha kunlar qumday oqib ketdi, bir-birlarini quvib son-sanoqsiz tunlar oʻtdi qaytib kelmasdan, yillar va asrlar karvoni izsiz poyonsizlikda yoʻqoldi… Bu dunyoda oʻsha kunlardan buyon qancha jonlar kelib-ketdi, dunyoda qancha toshlar boʻlsa shuncha odamlar, balki undan ham koʻp odam kelib, ketgandir. Ular orasida buyuk kishilar, koʻplar tanimaydigan kishilar ham bor edi.

Yaxshi odamlar ham, yomon odamlar ham oʻtdi. Togʻqomat polvonlar ham, yoʻlbarskelbat bahodirlar ham bor edi, alloma donishmandlar ham, qoʻli gul ustalar ham oʻtdi, qancha xalqlar kelib-ketdi, ularning faqat nomlari qoldi.

Kechagi bor narsa — bugun yoʻq. Bu dunyoga hamma keladi va hamma ketadi. Bu dunyoda faqat yulduzlar mangu turadi, mangu oyga qarab olam kezadi, faqat mangu quyosh abadiy Sharqdan chiqadi, faqat Yergina oʻzining abadiy oʻrnida turadi. Yerda faqat odamlarning xotirasi hammadan uzoq yashaydi, odamning umr yoʻli esa qisqa — qosh bilan qovoq orasicha. Odamdan odamga oʻtadigan fikrgina boqiydir; avlodlardan avlodlarga qoladigan soʻzgina abadiydir…

Oʻsha kunlardan buyon oʻtgan vaqtda Yer oʻz qiyofasini koʻp marta oʻzgartirdi.

Togʻlar yoʻq tekisliklarda oʻrkach-oʻrkach togʻlar yuksaldi. Oldingi togʻlar oʻrnida quruq dashtlar paydo boʻldi. Jarlar yemirilib sayxonliklarga aylandi; daryo-soylar oqib yotgan oʻzanlar tekislanib ketdi. Ayni vaqtda, yer ustida yomgʻir-qor suvlari chuqurliklar — jarliklaru daralar hosil qildi. Dunyo yaratilgandan beri chayqalib

turgan moviy dengizlar oʻz oʻrnini qumli choʻllarga boʻshatib berdi… Shaharlar qad koʻtardi, shaharlar vayron boʻldi va choldevorlar oʻrnida yangi devorlar tiklandi…

Oʻsha kunlardan bu kunlargacha soʻz soʻz tugʻdi, fikr fikrga qoʻshildi, qoʻshiq qoʻshiqqa ulanib ketdi, ertak choʻpchakka aylandi. Sanoqsiz dushmanlarga qarshi kurashgan qirgʻiz qabilalarining xaloskorlari boʻlib qolgan Manas bilan uning oʻgʻli Semetey haqidagi doston bizga ana shunday yetib keldi…

Bu dostonda biz ota-bobolarimizning ovozini eshitamiz, ayni vaqtda, necha asrlar oldin uchib oʻtgan qushning yuksak parvozi, tulpor tuyoqlarining allaqachon soʻngan dukur-dukurlari, dushmanlar bilan yakkama-yakka olishgan botirlarning hayqiriqlari qulogʻimizga keladi. Yigʻi ovozlariyu gʻalaba suronlari quloqqa chalinadi. Ana shu soʻzimizda oʻtmish hayot tiriklarning koʻz oldida, tiriklarga hamdu sano aytish, tiriklarni sharaflash uchun yana namoyon boʻldi…

Alqissa, biz buyuklardan buyuk Manas haqidagi va uning jasur oʻgʻli Semetey toʻgʻrisidagi dostonimizni boshlaymiz — tiriklarga hamdu sano aytish uchun, tiriklarni sharaflash uchun…»

Bu bolakay oʻzining Xudoning marhamati ila qirgʻizlarning jungʻorlarga qarshi hayot-mamot kurashining jarchisi boʻlib qolajagini hali bilmasdi, u oʻz boshi uchun dushman mingta tulpor va’da qilajagini, xoinlar ushlab bergach, qozoqlarning jazirama choʻlida butun tanasi chavaqlanib, koʻzlari oʻyilib, qiynoqlarda oʻlajagini hali xayoliga ham keltirolmasdi. Axiri, qoniga belanib, tashnalikdan jon berayotgan soʻnggi onlarda yana mana shu kunni, shu soatni, shu Koʻlni — onasi iltijo qilgan Koʻlni; uzoq oʻlkalarga uchib ketish uchun toʻplangan ana shu qushlarni yana esga olajagini va bularning hammasini oʻngidagidek koʻz oldiga keltirgach, «Onajon «degan xitob bilan jon berajagini hali bilmasdi.

Bularning hamma-hammasi — shon-shuhrat ham, kurash ham, halokat ham oldinda edi…

hozir esa, u Issiqkoʻl yoqasida, onasi sajda qilgan joyda tozisi Ucharni oʻz qoʻlidan chiqib, odamlar ortidan chopib ketmasligi uchun boʻynidan qattiq ushlab turar edi. U birdan kasal otasi esiga tushib, shoshilib qoldi.

— Ketdik, Uchar, ketdik, — dedi u itiga buyruq bergandek va togʻ yonbagʻridagi ovulga qarab shosha-pisha yura ketdi. Koʻldan uzoqlashganda ham qush galalarining betinim chagʻir-chugʻur, gʻoq-gʻoq ovozlari quloqqa chalinib turdi…

* * *

Oʻsha kechasi tong saharda kenjatoy Elomonning koʻzi oldida buyuk oʻtovsoz Sengirboy foniy dunyodan koʻz yumdi. Otasining oxirgi daqiqalarida xirillab, nafasi tiqilib gʻaliz aytgan soʻzlarini deyarli tushunib boʻlmasdi. Lekin bola titrab-qaqshab va yigʻlab otasining yuziga egilib turar ekan, oʻchoqdagi olovning nim yorugʻida chol lablarining harakatidan otasining nima demoqchi boʻlganini payqadi. bola ikki soʻzni tushundi:

— Tolchuyda… nima.. Tushundi-yu, labini tishlab yigʻlab yubordi, soʻngra qattiq hoʻngradi va oʻzini yigʻidan tiya olmasdan dedi:

— Yoʻq, ota, hech qanday xabar yoʻq! Men sizga qanday yolgʻon gapiray! hech darak yoʻq. Men bir oʻzimman. Eshityapsizmi? Men qoʻrqyapman. Oʻlmang, otajon, siz oʻlmang. Tezda onam keladi, tezda onam keladi…

Oʻgʻlining soʻzlariga ota tushundimi-yoʻqmi, Xudo biladi. Shu zahoti uning joni chiqib ketdi, koʻzlari ochiq qoldi. Otasi jon taslim qilish bilan, yashin tezligida kelgan oʻlim cholning yuzini qoʻrqinchli tusga kiritib, butunlay oʻzgartirib yuborgani zahoti bola qoʻrqqanidan oʻtovdan otilib chiqdi va nima qilarini bilmay, vahimaga tushib, dod solib hoʻngrab boshi oqqan tomonga chopa ketdi. Uchar ham nima boʻlganini tushunmasa-da, dumini qisib, qoʻrqa-pisa Elomon ortidan chopaverdi. Elomon Issiqkoʻlning toʻlqinlari mavjlanib yotgan qirgʻogʻiga yetganidagina oʻziga keldi. Shu yerda u serrayib, turib qoldi.

Issiqkoʻl oʻsha kecha junbushga kelib, shiddatli chayqalib, toʻlqinlarni oʻynatmoqda edi. Biroq Elomonning qulogʻiga boshqa tovushlar — toʻxtovsiz qiy-chuv eshitildi. U Osmonga qaradi va nimqorongʻi osmonda son-sanoqsiz qushlar bulutini koʻrdi.

Beadad, tumonat qushlar. Qushlar Koʻl ustida katta doira hosil qilib, aylanib uchmoqda, yoʻlda uchraydigan togʻlar tepasidan oshib oʻtish uchun yuksaklikka koʻtarilayotgan edi. Nihoyat, qushlar Koʻl ustidan oxirgi marta aylanib uchib oʻtdi va turnaqator tizilishib, yanada balandga koʻtarila borib Boʻoʻm darasi tomon yoʻl oldi va dovondan oshib Tolchuy vodiysi yoʻnalishida koʻzdan gʻoyib boʻldi. Bola qushlar yiroq oʻlkalarga uzoq muddatga uchib ketganini, ularning Tolchuy vodiysidan oʻtishini, undan naridagi noma’lum va notanish yurtlarga borajagini tushundi va oʻzini qoʻlga olib, joni boricha qichqirdi:

— Bizning otamiz oʻldi! Qoʻychiman akamga aytinglar — otamiz vafot etdi! Otamiz oʻldi, oʻldi!..

Biz togʻlar ustidan uchdik. Dovonga yetganimizda qattiq shamol turib, qop-qora bulutlarni qarshimizga haydab keldi. Oldin yomgʻir tomchiladi, keyin hoʻl qor yogʻdi, shalabbo boʻlgan qanotlarimiz yaxladi, uchish qiyinlashdi. Bizning galamiz orqaga qaytdi. Biz hammamiz baqirib-chaqirib yana koʻl ustida aylanib ucha boshladik, qanotlarimiz sergidi, aylanib uchganimiz sari yuksaklikka koʻtarila bordik, soʻng yana yoʻlga tushdik. Lekin bu gal shu qadar baland koʻtarilib uchdikki, togʻlaru bulutlar juda pastda qolib ketdi, quyosh nurlari bizni quvib yetganda dovondan oshib oʻtgan edik, ostimizda uzoqda Tolchoʻy vodiysi keng yoyilib yotardi. Eh, rohatbaxsh Tolchuy, buyuk choʻllarga tutashib ketgan goʻzal vodiy! Butun vodiy boshdan-oyoq quyosh nurlariga choʻmilib yotardi, yerni yashil maysalar gilami qoplagan, daraxtlarning novdalari esa, boʻrtib, kurtak bogʻlagandi.

Vodiyning oʻrtasida ilang-bilan boʻlib kumushrang Chuy daryosi oqib yotibdi, yoʻlimiz xuddi shu daryo oʻzanidan oʻtishi kerak. Biz sogʻinganimizdan osmondan turib vodiy bilan oʻz tilimizda qiyqirib salomlashdik, soʻng daryo boʻylab asta-sekin pasaya boshladik va yerga yaqinlashib bordik. Chunki sal narida daryo boʻyida suvli qamishzor bor, qush karvonlarining koʻldan boshlangan doimiy buyuk yoʻlida biz birinchi marta ana shu yerga qoʻnib oʻtishimiz kerak. Bu yerda biz dam olishimiz, oziqlanib boʻlgach, yana safarga otlanishimiz lozim. Biroq bu gal odatdagi joyga qoʻnib oʻtish nasib etmadi.

Galalarimiz qanotlari va dumlari yordamida parvozi sekinlashib, birin-ketin jonajon qoʻnim joyimizga yaqinlashganimizda qirgʻinbarot jang ustidan chiqib qoldik. Bu dahshatli bir manzara edi. Son-sanoqsiz odamlar, ming-minglab otliq va piyodalar shu yerda, bizning qoʻnim joyimizda jon berib-jon olishmoqda edi. Dahshatli

hayqiriqlar, vahshiyona ovozlar, boʻkirish-oʻkirishlar, na’ralar, chinqirishlar, ingrashlar, otlarning kishnashlari, pishqirishlari osmonu falakni qoplagandi. Keng maydonda odamlar bir-birlarini jahannamga joʻnatishmoqdaydi. Kishilar bir qarasang, na’ra tortib bir-birlarining ustiga nayza oʻqtalib yopirilishar, toʻqnashib qolganda bir-birlarini yerga yiqitishar, tiriklayin ustiga ot qoʻyar; bir qarasang, bir-birlaridan qochib uzoqlashar; bir qarasang, birovlar qochib ketayotgan boʻlsa, boshqalari quvib ketardi. Kimlardir qamish orasida pichoq va qilich bilan jang qilib, bir-birini boʻgʻizlar, qorinlarini yorardi. Qayoqqa qaramang, odamlarning jasadlariyu otlarning oʻliklari togʻ-togʻ boʻlib uyulib yotar, suv keng yoyilib oqqan joyda son-sanoqsiz murdalar daryo suvini toʻsib qoʻygandi, qip-qizil qon aralash suv hamma yoqqa yoyilib, otlarning tuyoqlari ostida qon xalqoblarini hosil etgandi.

Bizning galalarimiz yuraklari orqaga tortib, sarosimaga tushib, gangib qoldi, osmonda qiy-chuv boshlandi, saflarimiz buzilib ketdi va hammamiz vahimaga tushib betartib bulutlar kabi bir joyda aylanib ucha boshladik. Ancha vaqtgacha oʻzimizga kelolmadik, bir-birlarini oʻldirgan baxtsiz odamlar ustida birpas uchib yurdik, talay vaqtgacha galalarimizni toʻplash bilan ovora boʻldik, allavaqtgacha tinchiy olmadik. Oxir-oqibat, biz oʻsha yerga qoʻnib oʻta olmadik, oʻsha mash’um joydan ketishga va safarni davom ettirishga majbur boʻldik…

* * *

Kechiringlar, oʻtar qushlar! Boʻlib oʻtgan vahshiylik uchun kechiringlar, boʻlajak vahshiyliklar uchun kechiringlar. Bani odam hayoti nima uchun shunday ekanini, nega ona zaminda shuncha oʻldirilganlar va oʻldirilayotganlar borligini men tushintirib bera olmayman, sizlar tushuna olmaysizlar… Kechiringlar, Xudo haqi, kechiringlar, musaffo kengliklarga safar qiladigan samoviy qushlar…

Jang tugagandan keyin u yerda quzgʻunlar bazmi boshlandi, oʻlimtikxoʻr qushlar jigʻildoni yorilguncha odam goʻshtiga toʻyishdi, uchish u yoqda tursin, qanotini ham qimirlata olmay qolishdi. Jangdan keyin shaqallar bazmi boshlandi — chiyaboʻrilarning odam goʻshtiga qorni shu qadar toʻygan ediki, gavdalarini zoʻrgʻa sudrab ketishdi. Qushlar, keting bu yerdan, bu mudhish joydan uzoq-uzoqlarga uchib keting.

Ibtidoiy tabiat mavjudligidan buyon shunday: har safar vaqti yetganda — erta ham emas, kech ham emas — har yili bir xil vaqtda qushlar uzoq safarga otlanadi. Ular albatta uchib ketadi, uchganda ham faqat ana shu uchar qushlargagina ma’lum oʻzgarmas havo yoʻllari boʻylab uchib, dunyoning u chekkasidan bu chekkasiga boradi.

Momaqaldiroqlaru boʻronlardan oʻtib, kechayu kunduz qanot qoqib uchadi, hatto uchayotib uxlab ketadi. Ularning tiriklik mohiyati shunda: tabiat dunyosida narsalarning oʻzgarmas tartibi mavjud. Qush karvonlari shimolga, azim daryolar boʻylariga, azaldan uya yasab bola ochadigan joylarga uchib boradi. Kuzda esa, voyaga yetgan bolalari bilan janubga uchib keladi, shu zaylda bu jarayon uzluksiz takrorlanaveradi…

Mana, biz qancha kunlardan beri uchib ketyapmiz. Ana shu osmonu falakda, ana shu sovuq hukmron yuksaklikda shamol mangu daryo kabi shovqin solib oqib yotadi. Bu daryo cheksiz Koinotda nozohiriy Vaqtning noma’lum tomonga tinim bilmay qilayotgan harakatidir.

Bizning boʻyinlarimiz kamon oʻqi, tanamiz yurak boʻlib charchoq nima ekanini bilmasdan shiddat bilan harakatda. Hali safar uzoq, tolmasdan qanot qoqaveramiz, qanot qoqaveramiz…

Biz borgan sari baland koʻtarilib parvoz qilmoqdamiz… Endi togʻlar tekislikdek boʻlib qoldi, keyin esa, umuman koʻrinmay ketdi, kurrai zamin boʻlsa uzoqlashgandan uzoqlashib, yer yuzasi chaplashib ketganday boʻldi — qayerda Osiyo, qayerda Ovrupa, qayerda okeanlaru qayerda quruqlik ekanini farqlab boʻlmay qoldi. Gir-atrofimizda boʻshliq hukmron, cheksiz Koinotda faqat bizning Yer sayyoramizgina choʻlda adashgan boʻtaloq kabi olam kezmoqda, sekin suzib onasini qidirib yuribdi. Xoʻsh, oʻsha ona tuya qani? Yerning onasi, onaizori qani? Savol — javobsiz! Faqat shamol, xilvat yuksakliklarning shamoli gʻuvillaydi, faqat Yer kurrasi yosh bolaning boshidek yakka-yolgʻiz suzib, chayqalib qoʻymoqda — yerimiz beqaror, yerimiz beqaror.

Nahotki, ana shu yer shunchalik Yaxshiliklar maskani, shunchalik Yovuzliklar makoni boʻlsa?! Yoʻq, yovuzlikka erk bermaslik kerak, oʻtinaman, kadxudolar, soʻzamollar, ijodkorlar!

Men ana shu parvoz qilayotgan galada bor-yoʻgʻi bir qushman. Men turnalarga qoʻshilib uchib ketyapman va oʻzim ham turnaman. Men turnalar bilan birga qorongʻu kechada yulduzlarga qarab, kunduzi ekinzorlar va shaharlar ustidan uchaman.

Oʻylarga tolaman…

Qushlar galasi uzoqda koʻzda gʻoyib boʻladi. Qanotlari koʻrinmay ketadi. Mana, gala osmonda bir kichkina nuqtaga oʻxshab qoldi va u ham gʻoyib boʻldi…

hademay, yana bahor keldi va yana osmoni azimda turnalar «qur-qur»i yangray boshladi…

Turna yigʻisi
Bozlab-bozlab uchaman,
Bozlab-bozlab uchaman,
Bozlab-bozlab uchaman,
Zorlanaman insonlarga.
Zaminni ehtiyot qiling insonlar,
Erk bermang vahshiyona ehtiroslarga.
Nima bu — hatto turna yigʻ/asa,
Yoʻq, yoʻq, yigʻlamang aslo.
Va lekin, ban bir,
Noinsoniy kulfatlardan.
Cheksiz yongʻinlardan,
Qonli janglardan.
Panohida asrasin, ilohim,
Hay, insonlar!
Vayrona qilib qoʻymangiz uni nogahon,
Nima bu — pinhona toʻkilgan yoshlar.
Keragi yoʻq, yigʻlamang aslo,
Va lekin, bari bir — bari bir.
Oʻzi panohida asrasin Sizni,
Noinsoniy kulfatlardan,
Panohida asrasin, hay, insonlar!