OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifChingiz Aytmatov
Asar nomiRaqiblar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Qirgʻiz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Chingiz Aytmatov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAsil Rashidov
Hajm59KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Raqiblar (hikoya)
Chingiz Aytmatov

I

Endigina ishdan qaytgan Xonimgul uy ishlarini ana-mana deguncha bitirdi-da, koʻchaga, poda yoʻliga chiqdi. Qora sigirni ertaroq bogʻlab olmasang, u yomon, darrov qoʻshnilarning ekinlariga tushib ketadi. Orqasidan oʻn choqli kishi halloslab quvlamasa, osonlik bilan ushlatmaydi.

Xonimgul qoʻliga ikki yashar oʻgʻli Toʻqonni koʻtarib olgan edi. Ularnipg ikkalasi ham koʻchaning kun botish tomoniga tikilib turishardi. Poda har kuni oʻsha yoqdan kelardi. Koʻchaning oxiridagi qator tizilgan teraklarning ignadek uchiga goʻyo quyosh ilinib qolganday, soʻnggi nurlarini sochib, qirning ortiga botib bormoqda edi. Botib borayotgan quyosh oʻrnini borgan sari gʻira-shira qorongʻilik egallab, pastlikdagi koʻlankalarni oʻz qa’riga tortib borayotganday, tobora hamma narsa koʻzdan gʻoyib boʻlib borardi.

Kech kirib qolgan boʻlsa ham, oftobning tafti hali qaytgancha yoʻq, kun botish tomondagi qozoq dashtidan kimdir birov atayin yelpiyotganday garmselning issiq nafasi yuzlarga lovillab ura boshladi. Hozir tevarak-atrofdagi hamma narsa: holsiz tebranayotgan butalar, jimjit toʻqayzor singari issiq havoda dimiqib turgan chorbogʻlardagi oq joʻxorilar, chivinga talanib ariq boʻyida bosh siltab turgan boʻzbiya, mana shularning bari saraton issigʻida kuyib-yonib, hozir salqin tunning kelishinigina orziqib kutayotganday. Tunda yuqoridan muzdek shabada esardi, tongda hordiq chiqarib yotgan yer betini shudring qoplardi, oʻshanda toshlar marvarid donachalari bilan qoplanganday jilvalanardi, mollarning yegani singib, semirardi, qurib-qovjiragan nihollarga qayta jon kirardi.

Sigirlar rosa toʻyib qaytganidan ogʻirlashib qornini koʻtara olmay koʻchaning oʻrtasida shoshmasdan bir-bir bosib, yoʻlning changini burqsitib kelardi.

Ikki yuzi qip-qizil olmaday, burni esa sal yassiroq, tinib-tinchimas kichkina Toʻqon Xonimgulning qoʻlida olgʻa talpinib, chiviqni oʻynab, qora sigirni: «Hish-hish, hish!» deb chaqirardi. Qora sigir Toʻqonga parvo qilmay, erinchoqlik bilan sudralib keldi-da, joʻxori tomon intilmoqchi edi, Xonimgulni koʻrib toʻxtab qoldi.

– Hayda, Toʻqon, uyga hayda! – dedi Xonimgul qoʻlidagi bolasini erkalatib. Shu payt bolasi koʻziga chindan ham ishga yarab, goʻyo mol haydashib yurganday koʻrinib, onasi bundan oʻzicha suyunib qoʻydi.

Xonimgul bir bola koʻrgan juvon boʻlsa ham, qiz paytidagi husni jamolini yoʻqotmagandi. Kulib turganda yuzlaridagi kuldirgich yanada chuqurlashib, chehrasida qandaydir uyatchanlik balqib turardi. Uning sal qiyiq chiroyli koʻzlari ba’zan shoʻx qulunday oʻynoqlar, ba’zan ichki nozik hissiyotlarini shundoqqina koʻrsatib, uzoq vaqt porlab turardi.

– Aylanayin podachim! Sening bu mol haydaganingdan aylanay! – deb Xonimgul bolasini quchoqlab, qayta-qayta oʻpdi. Bolaning salmogʻidan tortilib tovoniga tushgan uzun koʻylagining etagini yerga qoʻshib bosayotgan Xonimgul erkalanganday bidirlab kelardi. – Hayda, sadagʻang ketayin, hayda... Chiviq bilan ur... Bosh, uni qara, joʻxoriga kirmoqchi chogʻi! Bosh desa!.. Aylanayin, men uni hozirgina sogʻaman, sut ichasanmi, Toʻqon?

Xuddi shu vaqt koʻchadagi chang-toʻzon ichida bir otliq koʻrindi. Unint ot haydashi bejo edi. Devorning boshida qoʻnqayib oʻtirgan boyoʻgʻliday hurpayib, terga botgan kigiz qalpogʻini chaqchaygan koʻzigacha bostirib kiyib olgan, havo yonib turganiga qaramay ustida yogʻin-sochindan oʻngib ketgan plash.

– Otang keldi, qara-chi. Toʻqon, otang keldi! – dedi Xonimgul kuyoviga jilmayib.

Qoratoy aslida oʻzi qop-qora kishi. Biroq bugun uning terlab-pishib chang bosgan yuzi oʻzgacha xunuk tortib rangi oʻchib ketgan edi. Uning koʻpdan beri ustara tegmagan shopday moʻylovining uchlarini ham boyagi issiq garmsel urganday sargʻayib ketgan.

Qoratoy tizginni tortgani yoʻq. U bolasi bilan xotinining yonida toʻxtamay goʻyo boshqa begona kishilarni uchratganday, ularning oldidan oʻtib borayotib bir tikilib qoʻydi-da, darvozaga suykanib yotgan sigirga yetib borib, uni qamchi bilan qulochkashlab jon-jahdi-la bir soldi-da, indamasdan uyga haydadi.

– Ota, hachuv! Ota, hachuv! Ota! – Otga mindirgin deganday otasiga chuldirardi kichkinagina Toʻqon.

– Qoratoy, oʻgʻlingʻni mindir! – dedi Xonimgul. Qoratoy otining jilovini bir oz tortib, qayrilib turib bir kulimsirayin dedi-yu, lekin kulmadi. Lablarida tabassum bir koʻrindi-yu, yana yoʻqoldi. «Ey, qochib tursang-chi» – deganday Qoratoy oʻgʻliga qarab qoʻlini siltadi.

Hech nimaga tushunolmay qolgan Xonimgul bolasini koʻkragiga bosganicha, oʻrnida serrayib turib qoldi.

Boshqa kunlari Qoratoy suv boshidan kelganida otdan tushmay turib doimo «Qani, xonim, oʻgʻilchani ber!» deb, ot ustida qulochini yozib engashardi. Oʻshanda uning ma’yus koʻzlariga kutilmaganda sevinch uchqunlari, xoʻmraygan yuziga iliqlik yugurardi. Qoratoy Toʻqonni oldiga mindirib olib, oʻzicha allaqaysi ohangda xirgoyi qilib, kechki salqinda koʻcha boʻylab oʻgʻlini nari-beri sayr qildirardi. Toʻqon boʻlsa chilvirning bir uchini ushlab kichkintoy oyoqchalari bilan tepinib, quvonchidan lablarini choʻchchaytirib: «Koʻrdilaringmi, otni oʻzim haydab yuribman!» deganday taltayib qoʻyardi. Shunda bularni koʻrgan kishilar:

– Voy-boʻy! Bizning Toʻqon ajabtovur yigit boʻlib qolibdi-ku! – deyishib, chindan ham suyunishardi. – Koʻrmaysanmi! Otni oʻzi minib yuribdi! Borakallo! Azamat, azamat-da oʻzi!

Mana shu aytilgan oddiy soʻzlar Xonimgul uchun onalik mehrining eng yuksak choʻqqisiga olib chiqqanday boʻlardi.

Xonimgulning eng yaxshi koʻrgani – kechki payt. Qoratoy otini soyga tushovlab kelib, koʻnglini joyiga qoʻygach, oz-moz qoʻbiz ham chertib qoʻyardi. Oʻchoqning boshida yostiqqa yonboshlab, qoʻli bilan qoʻbizning torini chertib, uyqusiraganday shishinqiragan qovogʻining ostidan, yonida chordona qurib xursand boʻlib oʻtirgan Toʻqonni erkalatib, kulimsirab qarardi.

Yerda hamir yugʻirib oʻtirgan Xonimgulning lorsillagan yuzlari olovning taftidan loladay qizarib ketgan edi. Qoratoy, albatta mohir qoʻbizchilardan emas, uning chertganini har bir qirgʻiz eplab chertadi, biroq u chertib oʻtirgan eski kuy Xonumgul uchun obdan yoqimli, bu kuyni u tunu kun mijja qoqmay eshitishga tayyor. Uning orzulari roʻyobga chiqqan: qarshisida bolasi, bir yostiqqa bosh qoʻygan umr yoʻldoshi oʻtiribdi. Ularga Xonimgul oʻz qoʻli bilan ovqat pishiryapti. Qoratoy chertayotgan kuy Xonimgulga qanot berib, u hozir osmonda aylanib uchib yurganday. Bunday paytlarda Xonimgul: «shunday ittifoq, rizqi-roʻzli oila peshonamga bitganidan roziman», deb oʻylardi.

Xonimgulning shunday oʻylashida jon bor. Goho tengqur kelinlar yashirmay-netmay: «Sen juda baxtlisan, Xonimgul! Kuyoving roʻzgʻorga jonkuyar, chorva kishisi, Kolxozning mirobi. Sen dala ishida boʻlsin, uy ishida boʻlsin, hech kimdan ortda qolmaysan. Turmushlaring tinch, oʻgʻilchang bor, qaynanang bilan ahilsan, armonsiz oʻtasan», – deb aytishardi. Bunday paytlarda Xonimgul barcha quvonchini ichiga yutib, indamasdan kulib qoʻyardi-da, qoʻlidagi ketmonini yana ham ildamroq siltardi. «Biroq sizlar eng negizini bilmaysizlar!» deganday Xonimgul oʻzicha kulimsirardi. «Men uchun sevish hammasidan qimmat. Men Qoratoyni sevaman. Qoratoy meni sevadi. Ikkovimiz bolamizni sevamiz... Sevmagan odamlarning boshi birikadimi?» Biroq kutilmaganda, qandaydir sabablar bilan ular oʻrtasida shirin turmushning buzilishini Xonimgul xayoliga ham keltirmas edi. Qoratoyning bugungi avzoyi Xonimgulni oʻylantirib, tashvishga solib qoʻydi. «Bu nimasi, u nega bunday qilyapti?» deganday Toʻqonning yuziga ayanchli holatda termilardi. Bola boʻlsa ona qalbini tushunganday yigʻlay boshladi, u aftidan otga mindirmading, deb otasidan koʻngli oʻksiganga oʻxshaydi.

– Qoʻy, Toʻqon! yigʻlama, qoʻy! – dedi Xonimgul. U bolani ovutishga qanchalik urinmasin, oʻzi ham allanarsani eslab xayolga choʻmdi. Biroq oʻy-xayollarining uchini topolmadi. Bolani yupatishga boshqa munosib soʻz topolmay, Xonimgul uni yanada qattiqroq quchoqlab bagʻriga bosdi.

Old tomondan urgan kuchli shamolga koʻksini qalqon qilib turganday Xonimgul Toʻqonni bukchayganicha quchoqlab turaverdi. Ayol tez-tez nafas olayotganidan boʻyin tomirlari sirtiga boʻrtib chiqqan. Xonimgulning oʻzi uchun ham, bolasi uchun ham oʻksigan yuragi aybsiz izza boʻlganiga chidamay oʻrtanib yonib, allaqanday qoʻrqinchli hodisa yuz berishini oldindan sezayotganday gup-gup urardi.

Xonimgul uyga kirib kelganda, Qoratoy oʻsha chang bosgan plashini yechmasdan, burchakdagi stol yonida tik turganicha, katta kosani qoʻsh qoʻllab ushlab ayron ichayotgan, ekan. U xuddi uzoq chopib, yutaqib qolgan ot singari ayronni jon-jahdi bilan qultullatib ichardi. Xonimgul unga indamay qarab turaverdi. Har bir qultumni yutganda uning yungli boʻynidan kekirdagi goh pastga tushib, goh yuqoriga koʻtarilib turardi.

Xonimgul erining fe’li-atvori nimaga bunday oʻzgarib kelganini tushinib yetmadi. Qoratoy hamma vaqt kam gap edi, albatta. Biroq Xonimgul erini hali hech qachon bugungidek begonalashib, gʻazabga toʻlganligini koʻrmagan edi.

Qoratoy, nihoyat, kosani tokchaga qoʻydi, yorilib, dagʻallashib ketgan katta kafti bilan lablarini artgancha, xotiniga koʻz qiri bilan nazar tashladi va orqasiga burilib, indamasdan karavot tomon odimlab ketdi.

– Bolani bu yoqqa olib kel! – dedi u plashini devordagi mixga ilar ekan,boʻgʻiq ovoz bilan.

«Nimaga kerak u senga? Sadqayi bola ket! Xudo yorlaqab sogʻinib qolibsan! Shoxini sindirganing ham yetar!» Xonimgul kuyoviga shunday deb aytmoqchi boʻldi. Biroq bunga jur’at etmadi. Shu mahal Qoratoy kigizga oʻtirarkan, bir yeri qattiq ogʻriyotganday tishini tishiga qoʻyib ingrardi. Aftidan qandaydir achinayotganday koʻrinib, bosh-yuzlari burishib, qarib qolgani, ayniqsa bugun koʻzga alohida tashlanib turardi. Shunda buni payqagan Xonimgul qalbidagi gʻazab alangalari birdan tarqalib ketdi.

– Toʻqon katta onasinikida, – dedi Xonimgul eshikka chiqib borayotib, – senga nima boʻldi, Qoratoy? Nega muncha qovogʻing soliq?

– Hech nima... Ovqatingni qil...

Xonimgul bir chelak suv olib uyga qaytib kelganda kuyovi hali ham boyagiday mustar boʻlib, quyi solingan boshini kaftiga qoʻyganicha kigizning ustida yonboshlab yotardi. U shu boʻyicha qoʻzgʻalmay yotaverdi, biroq Xonimgul yaqinlab kelganda uni ataylab javratmayin dedimi, yoki boyadan beri oʻylanib yotib bir fikrga kelgan boʻlsa shuni aytishga oʻzini chogʻladimi, harqalay, Qoratoy oʻrnidan sakrab turdi-da:

– Rezinka etik qaerda, olib kel! – deb xotinining roʻyxush bermayotganini anglab, shartta buyruq qildi. Paytavasini shosha-pisha oʻrab, rezinka etigini kiyib olgan Qoratoy eshikka shoshilib yugurib chiqdi, Qantarigʻliq turgan otning pushtanini biron nimadan oʻch olayotganday jon-jahdi bilan tortgan edi, ot oʻrnidan qoʻzgʻalib ketdi.

– Tak! – dedi Qoratoy ovozining boricha zarda bilan baqirib, – harom oʻlgur!

Soʻng u xotiniga qayrilib, xoʻmrayib yovuzlarcha tikilib qaradi.

– Sening Sobirbeging! – dedi u rang-quti oʻchib, qaltirab, – yo meni de, yo uni de!..

Buni uqub boyadan beri koʻngli xiralashib, allaqanday yomon narsani sezib hadiksirab yurgan Xonimgulning qalbi yana Sobirbek, deganida qinidan chiqib ketguday boʻldi. U Qoratoyga qarab otildi va ot uzangisiga yopishib olib yalinib-yolvordi:

– Toʻxta, Qoratoy! Toʻxta, bu nima deganing? Nima uchun bunday deyapsan?.. Qaysi Sobirbek?..

Biroq Qoratoy xotinining soʻzlariga quloq solmay, uning qoʻlini siltab tashlab, otiga ustma-ust qamchi bosib, chang-toʻzonni koʻtarib chopib ketdi.

Xonimgul «Qoratoy! Qoratoy!» – deb baqirganicha qolaverdi. Togʻdan esayotgan kechki shamol gʻazabga toʻlgan Xonimgulning etak-englarini hilpiratib: «Sen bu yerda nima qilib turibsan, qitiqlayinmi-a?» deganday yulqilab oʻynayotgan edi. Xonimgul uyga qaytarkan, yelkalari sovuqdan uchib titrardi.

Togʻdan qorongʻilik bosib kela boshladi. Allaqaerdan, olis-olislardan boyoʻgʻlining qichqirigʻi eshitildi. Eshitildi-yu darhol jimib qoldi. Samoda yulduzlar fanari yona boshladi. Koinot uyquga ketdi.

II

Oʻsha kuni kunduzi chaqirilgan kolxoz miroblari va dalachilik brigadalari kengashiga Qoratoy bir oz kechikib keldi. Rayon ijroiya komiteti raisining katta kabineti kengash qatnashchilari bilan liq toʻlgan edi. Qaysi birlari derazalarning tagida, boshqalari eshikning boʻsagʻasida devorga suyanganicha oʻtirishardi.

Qoratoy koridorga kirib, eshigi ikki yoqqa ochib qoʻyilgan kabinet tomon boʻyin choʻzib oʻtirishgan kishilar toʻpiga kelib qoʻshildi.

Kengashda chiqib soʻzlaganlarning barisi birgina masalani muhokama qilishardi. Rayonda sugʻorish ishi yomon ahvolda, ekin-tikin vaqtida sugʻorilmay qurib, kuyib ketyapti. MTSning bosh agronomi «Beshtosh» kolxozi haqida uzoq gapirdi. Unda Qoratoy miroblik qilardi. Ilgʻor kolxozlarda bedalar ikki bor oʻrilib, gʻaramlanayotgan boʻlsa, «Beshtosh» kolxozida bir marta oʻrilgandan soʻng boshqa sugʻorilmay, beda suvsizlikdan shu boʻyicha oʻsmay qolgan. Ish shu ahvolda boʻlar ekan, beshtoshliklar bu yil ham oʻtgan yillardagidek bedani ikki marta oʻrib olishiga koʻzi yetmaydi. Joʻxori boʻlsa endigina bir marta sugʻorilibdi, qay bir yerlariga butunlay suv chiqmay, tap-taqirligicha yotibdi, boshqa kolxozlarda boʻtakoʻz ekinlari toʻrt-besh bor sugʻorilgan boʻlsa, «Beshtosh»da atigi ikki marta sugʻorilgan, xolos.

Kolxoz sha’niga aytilgan agronomning bu xildagi soʻzlarini Qoratoy beparvolik bilan odatdagi soʻzlar-da, deganday tinglab oʻtirdi. Bu yetishmovchiliklar haqida uning ham oʻzgacha aytar soʻzi bor. Bu narsalar unga ilgaridan besh qoʻlday ma’lum edi. Chunki Qoratoy oʻzining jonajon ishi – mirobchilik haqida ertayu kech bosh qotirar edi. U koʻpdan beri bunday savollarga javob berish uchun oʻylab, tayyorlanib yurardi. U oʻz fikrlarining toʻgʻriligiga qattiq ishonar edi ham. Mirobning oʻziga xos tegishli ishlari bor: kolxozga berilgan suvni belgilangan norma boʻyicha ariqlarga boʻlib tarqatish kerak. Qolgan boshqa ishlar esa raisga tegishli, brigadirga tegishli. Ishni oʻshalar boshqaradi-ku! Darvoqe, suv ishi kolxozda gʻoyat yomon ahvolda, biroq bunga kim aybdor? Qoratoymi? Yoʻq, kolxozda suv yetishmasa Qoratoyning qoʻlidan nima ham kelardi? Yoʻqni yoʻndiradimi? Ayrim vaqtlari suv yetarli boʻlgani bilan sugʻorishga odam yetishmay qoladi, hammasiga kolxoz raisi aybli, u javob beraversin...

Qoratoy bu gal ham kengashda aytiladigan gaplarni koʻngliga olmay odatdagidek qosh-qovoq qilib oʻtirmasdan, kelgan boʻyidan ovulga qaytib ketaverishi mumkin edi. Biroq kengash oxirida kimdir birov burchakdan turib gapirib qoldi: «Unday degan bilan ham, bunday degan bilan ham, baribir suv normasi koʻpaytirilib, har birimizga uch-toʻrt quloqdan suv qoʻshib bermaguncha ish bitmaydi». Qoratoy oʻzini birdan yengil his qildi, – uning ayni muddaosidagi gap aytilgan edi. Oʻzi ham doimo suv deb qaqshab yurardi. Ish koʻngildagidek boʻlish uchun kolxozga boʻlib berilgan suv yana kam deganda yarim baravar koʻpaytirilishi zarur edi. Koʻpchilik miroblar bu taklifni quvvatlab shovqin-suron qilishdi: «Toʻgʻri! Toʻgʻri aytadi, hamma gap shunda-da!»

Ovozlar bir oz bosilgach, Sobirbekka soʻz berildi.

Sobirbek Qoratoylarga qoʻshni – Jdanov nomli kolxozning mirobi. U porusina koʻylagining etagini orqa tomoniga tortib qoʻydi-da, stol yoniga yengilgina odimlab keldi. Soʻng oʻtirganlarning koʻnglidagini bilmoqchi boʻlganday, ularning har biriga koʻz yugurtirib chiqdi. Hadeganda Sobirbekning oʻziga xos belgilarini anglab olish qiyin edi. Uning yoshi oʻttizlardan oshgan, keng yagʻrinli, qoʻy koʻzli, sariqdan kelgan kishi edi. Uning baquvvat gavdasi koʻrinishdan yoshlik chogʻidan mehnatga chiniqqan kishilarni eslatardi. Sobirbekning yoqimli kulimsirab turgan yalpoq yuzlari, kishilarni maftun qiladigan ishonchli koʻz qarashlari, vazmiyligi, birovga yomonlikni ravo koʻrmaydigan yuvosh kishini eslatardi. Biroq ish haqida, suv xususida soʻzlaganda, uning haligi moʻmin-qobilligi bir zumda yoʻq boʻladi-qoladi. Sobirbekning bu tabiatini Qoratoy boshqalardan koʻra yaxshiroq bilardi...

Yaqin kishilar orasidagi oʻzaro aloqa va munosabatlar ham vaqti kelib juda murakkablashib ketishi mumkin. Mana hozir Sobirbek soʻzlay boshlaganda, Qoratoy uning soʻzlarini menga hech qanday qizigʻi, tegishli joyi yoʻq, deganday, oʻziga yuqtirmay, shunchaki tinglab oʻtirdi. Ular goʻyo ilgaridan kelishib qoʻygan kishilardek, bir-birini hech vaqt yomonlab ham, yaxshilab ham gapirmas edilar. Sen menga tegmasang, men senga tegmayman, sen mening ishimga aralashmasang, men sening ishingga aralashmayman, deb kelishib qoʻyganday, oʻzaro yoqtirishmasalar ham biri ikkinchisiga gap tegizishdan ehtiyot boʻlib yurishardi. Oldin doʻstlashib yurgan kishilarning orasi buzilib, yoʻllari ikki tomonga ayrilib ketgan paytlarda shunday hodisa yuz beradi: yaxshi, yomonni yashirishib bir-biridan uzoqlashaverishadi. Ularning doʻstligi odam qatnamay qoʻygan yolgʻizoyoq yoʻlni oʻt bosib ketgani kabi bora-bora, oʻz-oʻzidan unutilib, qalbdagi oʻkinchlarni bir-biriga aytishmay yurgan doʻstlar orasidagi ziddiyatlar kuchayib, kek saqlaydigan boʻlib qoladilar. Ular ochiqdan-ochiq qasdlashib qolmasa ham, har biri oʻz dardini ichiga tugib, paytini poylab yuradi.

Mabodo, ulardan biri qoʻl koʻtarib qolguday boʻlsa, ikkinchisi ot qoʻyib kurashga kirishga tayyor turadi. Ana shunda ular bir-biriga dushman ekanini yashirib oʻtirmasdan, yuzma-yuz keladi. Hozircha koʻnglida biror gʻarazi boʻlmagan Qoratoy Sobirbekning soʻzlarini sovuqqonlik bilan tinglab oʻtirardi.

Sobirbek u-bu deb ezmalik qilib oʻtirmasdan, gapning boʻlarini aytayotgan edi:

– Bu yerda ba’zi birlarimiz suvni taqsimlash masalasi qayta koʻrib chiqilsin, tekshirilsin, degan fikrni aytyapmiz, – dedi u bamaylixotir soʻzlab. – Bu bir tomondan toʻgʻri, albatta. Chunki har bir ishni qayta-qayta koʻzdan kechirib, tekshirib turish – foydadan xoli emas. Bizning suvchilarimiz – gidrotexniklar ham buni allaqachon inobatga olib qoʻyishgan boʻlsa kerak. Bu haqda ularning oʻzlari gapirishar. Biz, miroblar esa bu yerda bundan boshqa ishlar toʻgʻrisida kengashib olishimiz kerak. Aks holda qizining siri onasiga ma’lum, deganlariday, bizning bilganimiz bitta. U ham boʻlsa: «Suv yetmayapti, chanqadik, koʻproq suv ber!» deb ayyuhannos solganimiz solgan. Agar suvni koʻpaytirib berganlari taqdirda ham yana suv yetmaydi deb chopganimiz chopgan. Suvning koʻpi yaxshi. Suv qancha moʻl boʻlsa, non ham shuncha serob boʻladi, bu hammaga ma’lum. Lekin ba’zi birovlarimiz Chuy arigʻiniig hammasini dalasiga burib yuborsang ham koʻzi toʻymay, oʻshanda ham suv yetmaydi deb zorlanadi. Yoʻq, oʻrtoqlar, bu kulgi emas. Bu muammo har birimizni qattiq oʻylantirmoqda. Axir unga xudoning shunchaki oqib yotgan suvi deb yengil-elpi qarash mumkin emas-da. Suv deb qanchalik tashvish tortyapmiz, mehnat qilyapmiz... Shunday ekan, bu haqda bafurja oʻtirib gapirishib olaylik... Mana masalan, koʻklamda dalani kezgan vaqtingda, bir tekisda unib chiqqan ekinlarni koʻrib qalbing quvonchga toʻladi, kuzga kelib xirmon koʻtarilganda hosilni koʻrib xafsalang pir boʻladi. Mana hozir ham ekinlar suv yuzini koʻrmay quvrab ketyapti... Nega shunday boʻlyapti? Suv yetishmasligidanmi? Yoʻq, bunday emas. Meningcha, har bir kolxozda yetarli suv bor, hatto suvga serobmiz ham deya olishimiz mumkin. Xoʻsh, shunday ekan, asosiy gap nimada?

Sobirbek koridorda oʻtirgan bir gala odamlar tomon gʻozday boʻyin choʻzib qararkan, birdai Qoratoyga koʻzi tushishi bilan taqir qirilgan boshini qashib, xayoliga biror narsa kelganday bir oz jim qolib, gapni ulab ketdi:

– Har kim koʻrgan-bilganini gapiradi. Qoratoy bilan ikkimizning ovulimiz yonma-yon. Ichadigan suvimiz ham bir. Qatta ariqning narigi sohili ularniki, berigi sohili bizniki... Bu tomondan Qoratoyni doʻst deb bilaman. Men uni yomonlamoqchi emasman, lekin men bugun haq gapni aytolmasdan ham turolmayman. Sen ham mirobsan, men ham mirobman. Oʻzingga ma’lum, «doʻst achitib gapirar, dushman kuldirib», degan maqol bor.

Sobirbekning bu soʻzlarini tinglab oʻtirib Qoratoy oʻz qulogʻiga ba’zan ishongisi kelmasdi. Bu gaplarning hammasi unga toʻgʻriday boʻlib tuyulardi. Biroq toʻgʻri soʻz toshni yorar deganlariday...

Sobirbekning soʻzlari asta-sekin Qoratoyga ogʻir bota boshladi. Sobirbek haq gaplarni aytayotgan boʻlsa ham, Qoratoy uni aksiga tushunib, gʻazablanayotgan edi. Qoratoy aldanadigan anoyi emas, Sobirbek nima uchun boshqalarni misolga keltirmay, uning ishi haqida gapirayotganini yaxshi payqardi. Sobirbek undam oʻch olmoqchi. U shu kengashda xalqning koʻz oldida ataylab uning obroʻyini toʻkib, sharmanda qilmoqchi. Boʻlmasa, «Beshtosh» kolxozi ekinlarni sugʻorishda eng orqada qolgan, deb bunchalik javramasdi.

Haqiqatan ham, Sobirbek bugun yechinib olib, kurashga tushgan kishiday doʻstlarini ham, boshqalarni ham yuzxotir qilmay, qattiq tanqid qilayotgan edi:

– Qachon boʻlsa suv oz, suv yetishmaydi, deb bahona qilib yuradi. Bu odatingni tashla, Qoratoy. Aks holda ish ham yurishmaydi, ekin ham oʻsmaydi. Sening ixtiyoringga uch yuz litr suv berib qoʻyilibdi. Oʻz dehqon tilimiz bilan aytganda, bu olti quloq suv! Hoy, bu hazilakam suv emas. Men ham uch yuz litr suv olaman. Bizning ekin maydonimiz ham deyarli birday. Shu suvning oʻzidan ham tejab-tergab foydalansak, xudo haqqi, yetish u yoqda tursin, hatto oshib ketishi ham mumkin. Lekin sen oʻsha oʻzingga berilgan suvning hammasidap toʻla foydalanayotibsanmi? Hamma gap ana shunda! Men hozir senga toʻppa-toʻgʻrisini aytib bera qolay, – deb Sobirbek choʻntagidan bloknotini oldi. Oʻtirganlar qoʻzgʻalib ivir-shivir qila boshlashdi: «Sobirbekning gaplari toʻgʻri! Hamma balo oʻzimizda! Suv isrof boʻlib ketyapti». Sobirbek bloknotini varaqlab, bir joyini ochdi-da, gapira boshladi:

– Agar shu vaqt ichida sugʻorilgan yer maydonlari hisoblab chiqilsa, haligi uch yuz litr suvdan faqat bir yuz yetmish litrigina foydalanilgani ma’lum boʻladi. Shunday ekan, qolgan yuz oʻttiz litr suv qaerga ketgan? Bu suvlarning bekorga oqib yotgani oʻzingga ham ayon, Qoratoy. Ularning bir tomchisi ham ekinlarga sarflanmagan. Xoʻsh, nima uchun bular haqida gapirmaysizlar. Bu mirobniig ishi emasmi? Hosil olamiz der ekanmiz, har kuni uch mahal ovqat qilishni kanda qilmaganimizdek, ekinlarning ham bir kun emas, bir soat ham kechiktirmasdan qondirib sugʻorib turishimiz kerak. Buning uchun esa mirob ertayu kech dalada, suvning boshida turib joy kuydirib ishlashi kerak. Qoratoy, sen tungi sugʻorishda boʻlasanmi? Yoʻq, albatta. Odam boʻlib hali biror marta seni kechasi suv boshida koʻrganim yoʻq! Ariq-ariqlarga taqsimlab berilgan suv qaerga oqyapti, uni kim boshqaryapti, aminmanki, qanchasi bekorga isrof boʻlyapti? Sen shularni tekshirib koʻrdingmi? Oʻz suvchilaring aytsin, yoʻq albatta, sen buni qilayotganing yoʻq. Qachon qaramay toʻgʻon boshida, reykadan koʻzingni uzmay oʻtirganing oʻtirgan. Agar, suv rejadan salgina pasaydimi, darhol gidrotexniklarga: menga suv yetmayapti, suv beringlar, deb chopib qolasan. Ammo shu payt pastda qancha suv foydalanilmay, isrof boʻlib oqib yotgani bilan ishing yoʻq. Qanday boʻlmasin, birovning hisobidan boʻlsa ham, koʻproq suv olish payidan boʻlasan, oʻzim boʻlay deysan. Boshqalar suvsiz qolsa ham senga baribir. Olma pish, ogʻzimga tush, deb doimo reykaning tagida oʻtirasan... Asov otni oʻrgatib mingan kabi suvning ham tizgin-chilvirini qattiq qoʻlga olmasang toʻgʻri kelgan tomonga urib ketadi... Buni unutma Qoratoy, sening oʻrning reykaning tagida oʻtirish emas, balki dalada, suvning boshida, suvchilarning orasida...

Sobirbek borgan sari qizishib soʻzlay boshladi. Uning soʻzlari Qoratoygagina emas, oʻtirganlarning hammasiga qattiq botayotganday edi. Miroblar boshlarini egib, jiddiy qiyofada jimgina oʻtirishardi.

Sobirbek «Beshtosh» kolxozida ishlamasa ham, u kolxozni miridan-sirigacha oʻrganib chiqqanday gapirardi. «Beshtosh» kolxozida sugʻorish ishlariga ertaroq tayyorgarlik koʻrmaydilar. Faqat suv bosib kelgandan keyingina tashvishga tushib qoladilar. Tajribali dehqonlar bunday qilmaydi, ular erta koʻklamdan boshlab taraddudga kirishadi. Sugʻorish kartalarini ishlab chiqishadi... Yerga qoʻsh tushishi bilan peshma-pesh yangi ariqlar olinib, toʻgʻonlar tuzatib qoʻyiladi, eski ariqlar qazib taxt qilinadi, tajribali suvchilar tanlanib, ularning har biri ma’lum kartalarga birkitib qoʻyiladi. Biroq «Beshtosh» kolxozida bunday ishlar qilinmaydi. Qoratoy boʻlsa, bunday ishlar bilan yetarli shugʻullanmaydi, harakat ham qilmaydi.

Qoratoy, senlarga ajratilgan suv ekinlarga yetib bormasdanoq, eski ariqlarda yoʻl-yoʻlakay qurib, yoʻqolib ketmoqda. Shu zaylda ekinlar suv ichmasdan qolib ketyapti, kolxozning olayotgan hosili ham kamayib ketyapti. Bu bilan ish bitmaydi. Hammamizga ma’lum, har bir litr suv uchun kolxoz pul toʻlaydi. Senlarda boʻlsa, suv yoʻlda-choʻlda isrof boʻlib ketgani uchun birgina oʻtgan yilning oʻzida kolxoz ellik ming soʻmdan ortiq ziyon koʻrdi. Butun rayon boʻyicha esa foydalanilmay isrof boʻlib ketgan suv uchun necha minglab soʻm zarar koʻrdik. Agarda buning ustiga, sifatsiz sugʻorish natijasida hosilning kamayib ketganini qoʻshib hisoblaydigan boʻlsak, keltirilgan zarar miqdori oʻn baravar, yuz baravar oshib ketishi mumkin. Ey, ogʻaynilar, buning uchun kim javob beradi? Oʻzlaring aytinglar-chi, kim javob berishi kerak? Menimcha, avvalo bunga biz, mana men, mana sen, Qoratoy, miroblar javob berishimiz kerak. Oʻzlaring bir oʻylab koʻringlar-chi, mabodo, choʻpon bir uloq yoʻqotsa, u uloqni toʻlaydi. Shunga javob beradi. Agarda bizning miroblar vaqti bilan yuzlab kubometr suvni isrof qilib yuborsalar ham javobgarlikka tortilmaydi. Axir, oʻrtoqlar, bunga chidab boʻladimi? Suv – bu mirobning boqib yurgan moli. Yaxshi mirob undan doimo koʻz-quloq boʻlib turadi, har bir tomchisini ham tejab-tergab sarflaydi. Mana shunday hammamiz toʻplanishib oʻtirganda aytadigan taklifim shuki, mehnat kuni miroblik vazifasi uchun yozilmasdan, balki ish jarayonida foydalangan suvning hisobidan yozilishi kerak, siz qoʻshni rayonning vakillaridan mening bu taklifimni hamma yerda quvvatlashlaringni soʻrayman... Ot ustida yurib miroblik qilgan boshqa-yu, suv kechib, jonini jabborga berib ishlagan miroblik boshqa...

Qoratoy bu soʻzlarni eshitib bezovtalanib oʻtirardi. Bu ham mayli-ya, ayniqsa Sobirbekning «sen», «sen» deb qoʻlini nayza qilib, koʻrsatib gapirgan gaplari uning suyak-suyagidan oʻtib ketdi.

– Yer traktor bilan haydaldi. Kolxozchilaringiz bugʻdoyni ekib, unib chiqishiga ham erishdi. Sugʻorish mahaliga kelganda, hammasi bekorga ketdi. Shuni bilginki, Qoratoy, sen odamlarning mehnatini zoe ketkazding. Uchtepa uchastkasidagi makkajoʻxorilar hanuzga qadar biror marta ham sugʻorilmadi. Yaxshi unib chiqqan ekinning nobud boʻlishiga nega yoʻl qoʻyding? Bilaman, sen hozir, bu tepalikka suv chiqmaydi deb aytasan. Biroq, u tomonga kun botar betdan ariq olib oʻtish mumkinu, sen boʻlsang bu haqda ertaroq harakat qilmading, bosh ham qotirmading.

Qoratoy oʻtirganlarning hammasi oʻziga tikilib qarayotganini sezib turardi. Qoratoy shu payt yer yorilsa-yu, yerga kirib, koʻzdan gʻoyib boʻlgisi keldi.

U qaynoq suvga pishib olinganday beti-boshi taram-taram qizarib ketgan edi. Kengash tamom boʻlishi bilan u ijrokomning eshigidan birinchi boʻlib yugurib chiqdi-da, shu boʻyicha otiga irgʻib minib, toʻppa-toʻgʻri dalaga qarab chopib ketdi. Biroq u ot ustida ketayotganda ham Sobirbekning soʻzlari quloq ostida jaranglab eshitilardi. Goʻyo Sobirbek uning orqasidap quvib kelayotganday edi. Qoratoy Uchtepa tomon chopib borarkan, u hamon kengashda aytilgan gaplarni bir-bir eslab turli xil oʻy-xayollarga choʻmardi. Ammo qancha oʻylamasin Sobirbekning aytgan gaplarini ma’qul koʻrmasdi. Oʻzini oqlash uchun qanday boʻlmasin, turli xil dalillar izlab topishga harakat qilardi. Lekin shunday boʻlsa-da, topgan javoblari tinchitib, hovuridan tushirmayotgan edi. Qoratoyni iztirobga solayotgan narsa: kengashda gangib qolib, Sobirbekka hech boʻlmasa bir ogʻiz ham javob qaytarolmaganida edi. Mana endi Sobirbek uni burniga sirtmoq solingan tuya kabi oʻz izmiga solib oldi. Eh, kallavaram, Sobirbekning bunday ayyorligini sal ilgariroq bilsa qani edi! Zarba berib, shoxini sindirib, ikkiichi marta ogʻiz ochmaydigan qilib qoʻyardiku-ya!

Biroq nima ham deya olardi? Sen, Sobirbek, boshqalarning ishiga aralashmasdan, oʻzingni bilaver deb endi aytib boʻlarmidi? Endi hech kim u haqda shikoyat qilolmaydi. Sobirbekni butun rayon biladi, u mohir suvchi, eng yaxshi mirob. Sobirbekning kolxozida beda har yili toʻrt martadan oʻrib olinadi. Uning kolxozida silosga moʻljallab ekilgan joʻxorining har bir gektaridan olti yuz tsentnerdan hosil olinadi, kolxozchilarga har bir mehnat kuni uchun rayon boʻyicha hammadan koʻp pul, gʻalla, goʻsht, moy beriladi. Oblast gazetasi Sobirbek haqida maqolalar bosib, undan oʻrnak olishga chaqirdi. Bilimi jihatidan ham Sobirbek hammasidan ustun. Koʻpchilik kolxozlarda joʻxorini yer yetilgandan soʻng yoppasiga sugʻorishadi deyishadi. Ma’lum boʻlishicha, bu eski usul yaxshi natija bermabdi. Uning fikricha joʻxorini joʻyak-joʻyak qilib zaxlatib sugʻorish ma’qul ekan. Shunda hosil ikki baravar ortar emish. Uning aytishicha, agar kanop hozirgi kunda qonib suv ichsa, sutkasiga 12–14 santimetrgacha oʻsishi mumkin emish. Tavba, har bir oʻsimlikni oʻlchab yurganday gapiradi. Qishda sugʻorish masalasini koʻtargan ham Sobirbek emasmidi? Yerni qishda ham sugʻorish kerak ekan, shunda yer namlikni yaxshi saqlar emish. Buni eshitib turgan yonidagi bir chol: «Obbo shayton-ey», – deb yoqasini ushlab Sobirbekka tan berayotganini Qoratoy ham koʻrib turgan edi. Toʻgʻri, Sobirbekning ilmi zoʻr, oʻzi ham ishning koʻzini biladi, uzoqni koʻradi!

Qoratoy-chi? U nimalarni biladi? Qoratoy ham miroblik kasbini Sobirbekdan kam bilmaydi, albatta. Ular ikkalasi ham mirobchilik kursida birga oʻqishgan. Ammo Sobirbekning baxti bor ekan. Ilgʻor kolxozga keldi-yu ishlab, tezda nom chiqardi. Xoʻsh, u «Beshtosh» kolxozida ishlab koʻrsin-chi! Uning kimligi shunda ma’lum boʻladi! Dastavval Qoratoy ham ishga zoʻr ixlos bilan kirishgan edi. Uning ham halol mehnat bilan xalq oʻrtasida shuhrat qozonsam degan orzu-umidlari bor edi. Ammo, ish boshidanoq chappasiga ketib, oʻzini oʻnglab ololmadi. Raislar biri kelib, biri ketib tez-tez almashinib turdi. Ana shunday sharoitda yangi takliflarni amalga oshirib, havas bilan ishlab boʻlarmidi... Oylar, yillar oʻtdi. Qoratoy ham bora-bora ishning borishiga qarab koʻnikib qoldi...

Taqdir ataylab qilganday, koʻp vaqtlar Qoratoy bilan Sobirbekning turmush yoʻlini bir yoʻldan boshlab bordi. Ularning qishloqlari ham yondosh edi, yoshligidan bir-biri bilan tanish edilar, keyinchalik oʻspirinlik kezlarida «ShKM» maktabida birga oʻqishdi. Urush paytida ham ular bir batalonda xizmat qildilar.

Belorussiyada bir poxodda ketayotib, jildirab oqayotgan kichik suvning boʻyida dam olib oʻtirishganlari hali ham esida saqlanib qolgan edi. Sekin oqayotgan kichkinagina ariqchaning yoqasida soya tashlab turgan butalar, suv ichida oʻsgan qalin qamishlar, musaffo osmon, sukut saqlab turgan tushki payt, xullas, atrofdagi jamiki narsalar nafasini ichiga saqlab, oʻsha sokin oqayotgan suv tinchligini buzmayotganday boʻlib tuyulardi. Shu payt otishmalarning ovozi ham eshitilmay, bir lahzaga urush dahshatlari unutilib, tinchlik hukm surardi. Bunday sukunat ogʻushiga choʻmgan soldatlarning har biri oʻzicha turli xil shirin xayollarga berilardi. Sobirbek etigini yechib qayta kiyayotgan edi, koʻzi suvga tushib tikilib qoldi:

– Eh ogʻayni, bizning qadrdon togʻ suvlarimiz qanday ajoyib-a. Ularni juda ham sogʻindim-da, Qoratoy! – dedi u. – Har bir ariqning suvi oʻzicha bir tuganmas boylik ekanini endi payqab oʻtiribman. Okopda yotganimda ba’zan suvning shildirab oqayotgani eshitilib turganday boʻladi... Omon-eson uyga qaytib borsak, albatta suvchi boʻlamiz... Oʻshanda sen ham men bilan birga qoʻshilib dalaga sugʻorishga chiqasan. Axir, dehqonning huzur-halovati oʻshanda emasmi? Sening Xonimgulingni ham birga ergashtirib olamiz... Dalaga suvni boshqarib boramiz-da, keyin men sizlarga ashula aytib beraman. Sugʻorishda tilsiz kishi ham kuylamasdan turolmaydi! Yovni yengib, omon-eson qaytsak, tilagim shu!..

Oʻshandan beri oradan qancha yillar oʻtib ketdi. Ularning ikkalasi ham urushdan bir vaqtda qaytib kelishdi, ikkovi ham mirob boʻlib birga ishlab yurishdi. Qoratoyning ogʻir tabiatliligi va tund mijoziga qaramasdan ular oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari avvalgiday davom etaverdi. Biroq, kunlardan birida Sobirbek oʻz oʻrtogʻi Qoratoyning qalligʻi Xonimgulni sevar emish, degan soʻz chiqib, ovulda mish-mish gaplar tarqaldi. Shu-shu Qoratoyning doʻstidan koʻngli sovib, Sobirbekdan uzoqlasha boshladi.

Qoratoy Xonimgulga uylangandan keyin ham Sobirbekka ochiq koʻngil bilan qoʻl bergani yoʻq. Qoratoy bu haqda qancha oʻylab koʻrsa ham, bir qarorga kelolmay, sabr kosasi toʻlib yurdi. Buning sababi ham bor edi, albatta, u sirtdan qaraganda unchalik sezdirmay yurgani bilan Xonimgulni jondan aziz koʻrardi. Uning ichi torligi ham, rashk qilishi ham shunga yarasha edi: Xonimgulga biror kishi kulib qaradimi, boʻldi, jonajon doʻstimi, tugʻishgan kishisimi – kim boʻlishidan qat’i nazar, zaharini sochib, hazilmi, chinmi, surishtirib oʻtirmasdan, qoʻlga tushsa shu zahotiyoq jiqqa-mushtlashishdan ham qaytmasdi.

Ilgaridan shubhalanib yurgan yovuz niyatli Qoratoy Sobirbekning har bir bosgan qadamini kuzatib yurib, unga nafrat bilan qaray boshladi. Buni sezgan Sobirbek ham u bilan koʻpdan beri gapirishmas edi. Qoratoy Sobirbekning bunday yurishini koʻrib oʻzicha: u Xonimgulni unutolmayapti, Sobirbek mening baxtimga chang solyapti, deb sal narsadan gumonsirab yurdi. Bora-bora Qoratoy Sobirbekning mehnatda erishgan yutuqlariga ham hasad bilan qaray boshladi. Sirtdan qaraganda u Sobirbek erishgan muvaffaqiyatlarni nazar-pisand qilmay yurgan boʻlsa ham, aslida uni koʻrganda ichidan zil ketib yurardi. Toʻgʻri, Qoratoy ham Sobirbekdan orqada qolib ketmaslik uchun harakat qildi. Biroq uning ishlari nima uchundir olgʻa bosmadi. Bular Qoratoyning qalbini battarroq tirnab-oʻrtab, eski qadrdonidan oʻrnak olishga, yordam soʻrashga, unga boshimni egib boramanmi, degan gʻurur yoʻl bermasdi. Sobirbek boʻlsa oʻchakishganday nomi xalq ogʻzidan tushmay maqtalib, borgan sari obroʻ-e’tibori ortib borayotgan edi. Soʻnggi vaqtlarda Qoratoy buni xalq tugul oʻz xotinining ogʻzidan ham eshitib qoldi. Kunlardan birida Xonimgul Sobirbekning surati bosilgan gazetadagi maqolani oʻqib oʻtirgan edi. Bunga koʻzi tushib qolgan Qoratoy hadeganda sir boy bermay, jimgina turdi-da, soʻng sabri chidayolmay:

– Ie, yana sening Sobirbeging haqida yozishibdimi? Qani, yana nimalar deb maqtashibdi! – deb, rashki kelib, ichidan kuyib borayotganini sezdirmaslikka harakat qilib kulimsirab qoʻydi. Bundan bir oz oldinroq Xonimgul dugonalari bilan birga Sobirbeklarning qishlogʻida qoʻyilgan kinoga borib kelgan edi. Aytishlaricha, u yerda Sobirbek bilan Xonimgul yonma-yon oʻtirishib, kinoni ham koʻrmasdan, bir-birlari bilan gapirishib oʻtirgan emish. Buni eshitgan Qoratoy xotini bilan ochiqchasiga gaplashib olmoqchi boʻldi, biroq u nari-berini oʻylab: – Bizning ovulimizda shu kungacha klub qurilmaganiga kim aybdor? – dedi-yu, yana shashtidan tushdi.

Boshidan kechganlarini shu tarzda oʻylab borar ekan, Qoratoy Uchtepadagi ekinzorlar tomon qanday yetib kelganini bilmay qoldi. U endi joʻxorilarning qay ahvolda ekanligini oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Koʻrganlariga ishongisi kelmay, koʻzlarini uqalab-uqalab qoʻydi. Lekin bu bilan manzara oʻzgarmadi. Sargʻish tortib kuyib yotgan boʻz tuproq gugurt chaqsang lop etib yonib ketguday. Joʻxorilar boʻlsa allaqachon quvrab oʻtkir quyosh nuriga tob berolmay yaproqlarini naycha singari qat-qat oʻrab olgan edi.

Ona-Yer, u ekinga sut beradi, hayot baxsh etadi. Lekin, u hozir yetim bolalardek oʻgay qolgan. Uning suti yoʻq, egasiz qolgan, joʻxorilar ayanchli ahvolga tushib bari bir ovozdan: «Bizga suv kerak! Suv! Tezroq bir tomchi boʻlsa ham suv kerak!» deya yalinib-yolvorayotganday edi. Ana shu paytda Qoratoyning yuragi umrida birinchi marta, haqiqatan ham iztirob chekib, zirqirab ogʻrimoqda edi. Shunda uning quloqlari ostida yana Sobirbekning ovozi jaranglab eshitilganday boʻldi: «Sen mirobsan, suv qoʻlingda, hosil uchun sen javob berasan. Bilib qoʻy, Qoratoy, elning rizqini qiyganing, ter toʻkib qilingan mehnatni zoe ketkazganing uchun xalqning uvoli tutadi seni».

Shu mahal koʻngilni behud qiluvchi garmsel boshlandi. Issiq shamolning quyuq toʻlqinlari yer betiga olov purkab, qolgan-qutgan soʻnggi namlikni ham soʻrib olayotganday Qoratoyning badanlarini kuydirib yondirardi.

– Garmsel! – deya baqirardi Qoratoy jon-jahdi bilan, nafasi boʻgʻziga tiqilib. – Garmsel keldi! – soʻng u otning yoliga mukkasidan yiqilib tushdi-da, oʻzicha boʻgʻiq ovoz bilan pichirlay boshladi. – Bundan koʻra, mening suvsiz qolganim yaxshi emasmidi?! Bundan koʻra, mening chanqab oʻlganim ma’qul emasmidi?!

Bir ozdan soʻng Qoratoy boshini bir chulgʻab oldi-da, oʻnqir-choʻnqirlarga qaramay, dala boʻylab, chang-toʻzon koʻtarib ovul tomon ot qoʻyib boraverdi. U tizginni boʻsh qoʻyib chopib borar ekan, hozirgina koʻchada podani toʻsib turgan Xonimgul bilan Toʻqonning oldiga yetib keldi-da, otni taqqa toʻxtatdi.

III

Tunning birinchi yarmi shu kunlarda odatdagidan qop-qorongʻi edi. Oy qorayib koʻringan tizma togʻ choʻqqilaridan kechikib chiqayotgan edi. Sugʻorish uchun tun eng yaxshi vaqt. Sobirbek sugʻorishning qanday borayotganini tekshirib yurdi. Hamma ish joyida. Suvchilarga kunduz kuni topshiriq berib qoʻyilgan, ularning har qaysisiga alohida yer ham taqsimlab berilgan. Endi boʻlsa Sobirbek biror yerga suv chiqmay qolmadimikin deb, marzama-marza yurib sugʻorilgan ekinlarni koʻzdan kechirib yurgan edi, bir vaqt:

– Sobirbek, qaerdasag, ho-o-o, Sobirbek qaerdasan! – degan ovoz eshitilib qoldi.

– Men bu yerdaman!

– Suv yoʻq! Suv qurib qolyapti! – deya baqirardi haligi suvchi. Sobirbek u tomon chopib borarkan, narigi yoqdan yana qiyqiriq ovozi eshitldi:

– Xoy, mirob, suv yoʻq! Suv qani?

Haqiqatan ham ariqdagi suvlar oʻzidan-oʻzi kamayib qurib qolgan edi. «Katta ariqqa urib ketdimi, nima boʻldi?» – degancha Sobirbek katta ariq tomon chopib ketdi... Ariq joyida, boya-boyagiday. Ammo suv kamayganidan kamayib, ariq tubidagi toshlar qorongʻida yiltirab koʻrinib turardi. «Tavba, bu nimasi boʻldi?» – deb Sobirbek hayron qoldi-da, kanalning bnror yerini suv olib ketganmikin degan xayolga borib, birdan choʻchib ketdi. Boʻlmasa bu kanaldan yolgʻiz Sobirbeklar emas, «Beshtosh» kolxozi ham suv ichardi, qolaversa, kanalning urib ketgan yerini bogʻlash oson ish emas. Unga qancha kuch, qancha vaqt kerak. Sugʻorish qizgʻin ketayotgan hozirgi paytda suvsiz qolish bu hosildan mahrum boʻlish degan gap. Nima boʻlsa ham tezroq harakat qilish kerak, deb Sobirbek tun qorongʻisiga qaramay, otga yana qamchi bosdi.

Mana, u kanalning boshiga ham yetib keldi. U yerda ikkala kolxoz uchun suv boʻlib berib turadigan katta shlyuz oʻrnatilgan edi. Sobirbek otini kanal chetidagi tolga bogʻladi-da, oʻzi kanalning tepasiga irgʻib chiqdi va shlyuzning koʻprigi bilan yurib borayotib birdan toʻxtab qoldi. Sobirbek katta ariq boshidagi shlyuzning berkitilganini koʻrib oʻz koʻziga ishonmasdi. Kanaldan ariqqa tomon hech boʻlmasa jildirab ham suv oqayotgani yoʻq. Qoratoylarning shlyuzi boʻlsa, oxirigacha koʻtarilgan. Suvning hammasi ularning arigʻida sharqirab oqayotgan edi.

«Bu nimasi, buni kim qildi?» – deb Sobirbek oʻziga-oʻzi savol berardi-yu, unga javob topa olmasdi. U umrida bunaqa hodisaga duch kelmagan edi. Suvning shovqin solib, sharqirab oqayotganidan Sobirbekning soʻzlarini eshitib boʻlmasdi.

– Yoʻq, bu yerda qandaydir anglashilmovchilik bor. Bunday boʻlishi mumkin emas. Buni darhol tuzatish kerak!..– der edi Sobirbek oʻziga-oʻzi pichirlab.

U otining yoniga borib, hamisha egarining qoshiga bogʻlab yuradigan katta klyuchni yechib oldi-da, qaytib kelib oʻziga tegishli suvni ochib yuborayin degan maqsad bilan klyuchni shlyuzning gaykasiga solib burayotgan edi, yaqin atrofdan birovning haybatli ovozi eshitildi:

– Tegma unga, qoʻlingni tort!

Sobirbek yalt etib yon-atrofiga qaragan edi, koʻprikning ustida qandaydir qanotini yozib yuborgan burgutga oʻxshash, ola-bula juldur yopinganday boshini ichiga olib kelayotgan koʻlanka paydo boʻldi. Uning afti basharasi koʻzga koʻrinmasdi.

– Sen kimsan?

– Qoʻlingni tort deyapman!

– Qoratoy, senmisan? U javob bermasdi.

– Bizning suvni sen boʻgʻib oldingmi?

– Menga suvning hammasi kerak!

– Bunday huquqni senga kim berdi?

Qoratoy lapanglagancha ikki sakragan edi, Sobirbekning qarshisida paydo boʻldi.

– Yoʻqol, hozir koʻzimga koʻrinma!

– Qoratoy, aqling joyidami oʻzi? Nima deb vaysayapsan?

– Hozir bu yerdan ket! Suvni bermayman dedimmi, bermayman! Uni oʻzim uchun emas, kolxoz uchun olyapman! Ekinlar quvrab ketibdi, menga suvning hammasi kerak. Hozir ket, joningdan umiding boʻlsa, bu yerdan hozir ket! Nima qilsang ham suvni bermayman.

– Boshqalarning ekini sugʻorilmasdan qolib ketsa maylimi? Bu kurakda turmaydigan soʻz. Bu oʻgʻrilikdan boshqa narsa emas!

– Men oʻgʻrimanmi? Tilingni tiy! – Qoratoy sakrab borib Sobirbekning qoʻlidagi temir klyuchni yulib oldi-da, orqaga bir qadam tisarilib, qulochkashlab turib Sobirbekniig boshiga urmoqchi boʻlgan edi, Sobirbek epchillik qilib, Qoratoyning qoʻlini ushlab qoldi. Soʻngra u qoʻliga butun kuchini toʻplab, Qoratoyning bilagini qopqon kabi sindirgudek mahkam siqib turaverdi. Nihoyat, klyuch Qoratoyning qoʻlidan shoʻlp etib suvga tushib ketdi. Biroq Qoratoy hamon yon bergisi kelmadi. Aftidan, u holdan toyib yiqilmaguncha olishmoqchi. Sobirbekni koʻprikning chetiga sudrab borib, suvga itarib yubormoqchi. Buni sezgan Sobirek bir qoʻli bilan shlyuzning temiridan ushlab olib, oʻrnidan qimirlamay turaverdi. Ular shu zaylda yuzma-yuz olishib, koʻprik ustidan suvga tushib ketmaslik uchun bir-birini ushlab, yopishishardi. Qadrdon doʻst boʻlib yurgan kezlarida ham ular bir-biri bilan bunchalik yaqinlashgan emas edi. Atrof boʻlsa jimjit, qorongʻi, biror tirik jon yoʻq. Faqat endigina bosh koʻtarib kelayotgan toʻlin oy «bu olishib yotganlar kim boʻldi», deganday, qir orqasidan bosh choʻzib qarayotgan edi. Agarda hozir kun qorongʻi boʻlmaganida, Sobirbek Qoratoyning quturganday qon toʻlgan koʻzlarini baralla koʻrgan boʻlardi, chakkasida boʻrtib chiqqan qon tomirlarini yuragi bilan birgalikda gupillab urayotganini sezgan boʻlardi, uning irvaygan ogʻizlari murdani eslatardi. Biroq qorongʻida Qoratoyning kuyib-yonayotgap issiq gavdasi, anqib turgan ter hidi va xirillab chiqayotgan soʻzlarigina sezilardi.

– Suvni bermayman dedim – bermayman! Bu tunda suvdan men foydalanaman. Ekinlar suvsizlikdan quvrab ketyapti!..

Bir oz vaqt oʻtgach, Qoratoyning madori qurib, boʻshashgan edi, Sobirbek uni oʻzidan nariga itarib yubordi:

– Oʻrningdan jilma, Qoratoy! Qoʻzgʻala koʻrma! – dedi Sobirbek, – oqibat shu edimi? Hosil uchun, birinchilik uchun shunaqa kurashishimiz kerak ekan-da. Sen meni kim deb bilasan?

– Sen menga dushmansan! – dedi Qoratoy entikib xirillab. – Sen menga dushmansan... Sen mening sevgan xotinimga koʻz olaytiryapsan, sen meni sinamoqchi boʻlib yigʻilishlarda yomon ishlaydi, deb ishimni muhokama qilasan. Lekin meni aldayolmaysan, bilib qoʻy shuni... Sugʻorishda qanaqa qilib ilgʻor boʻlib yurganingni ham bilaman, sen mening suvimni ham tuni bilan oʻzingga foydalanib yuribsan...

– Nima-nima? – dedi-yu, Sobirbekning tomogʻi boʻgʻilib, boshqa soʻz aytishga chamasi kelmadi shekilli, Qoratoyning yoqasini qoʻsh qoʻllaganicha oʻziga niqtab tortib, shu boʻyicha qimirlatmasdan xippa boʻgʻib turaverdi, soʻng qorongʻida uning koʻzidan koʻnglida nimalar borligini bilib olmoqchi boʻlganday, yuziga anchagacha tikilib turdi-da, qandaydir oʻkinch bilap boshini chayqadi:

– Hammasi tushunarli! Men ketdim. Ammo shuni bilginki, sening ariqlaring shuncha suvga chidash berolmaydi... Sen oʻzingga-oʻzing dushmanlik qilyapsan... Agar bir hoʻplam suv bekorga ketsa, keyin oʻzingdan oʻpkala...

Sobirbek ketgandan soʻng Qoratoy koʻprikning ustida turib, oy nurida oqarib koʻringan Sobirbekning gimnastyorkasiga anchagacha qarab qoldi. Sobirbek bu toʻqnashuvda gʻolib chiqqanday boshini baland koʻtarib, koʻkragini kerib, mardonavor odimlab ketayotgan edi, Qoratoyning boʻlsa boshi aylanib, butun vujudi olov boʻlib yonayotgan edi. U hozir oʻzini gʻoyat kuchsiz, birov adashtirib, yolgʻiz tashlab ketgan goʻdak singari his qilardi. Shu payt u ketib borayotgan Sobirbekka: «Toʻxta! Menga suving kerak emas, suvingni ol!» deb baqirib yuborishiga sal qoldi.

Oʻz qilmishini toʻgʻri deb topish va undan qanoat hosil qilish uchun Qoratoyga yana nimadir yetishmayotgan edi. Kanalning tepasidan chopib tushgan Qoratoy ariq yoqasiga kelib oʻtirdi-da, jonimni jabborga berib topgan suv senmisan, deganday tomogʻi qurib-chanqagan kishi kabi hovuchlab qult-qult suv ichdi-da, oʻzicha nimalarnidir gapirayotgan edi:

– Shoshmay tur, hali men senga koʻrsatib qoʻyaman. Endi hamma suv oʻz qoʻlimda... Bu kecha hamma ekinlarni sugʻorib olaman. Muddaom shu. Meni oʻgʻri deb koʻrsin-chi, men oʻgʻri emasman!.. Ular ekinlarini toʻrt-besh martalab sugʻorib olishgan. Bir kecha suv olmasa olmabdi-da... Bizga boʻlsa hoziroq suv kerak. Mana, yana garmsel esib kelyapti... Yoʻq, Sobirbek, bekorlarni aytibsan, bizga olti quloq emas, oʻn-oʻn besh quloq suv kerak... Uchtepadagi joʻxorilarga suvni oʻsha eski ariqlar bilan olib boraman.

Haqiqatan ham ariqda katta suv toʻlqinlanib oqayotgan edi. Uning kuchli oqimiga qarab turgan Qoratoyning koʻzlari jimirlab ketdi. Bahorgi toshqin daryo kabi qirgʻoqlari bilan toʻlib oqayotgan ariq suviga kaftingni solib toʻsmoqchi boʻlsang, suv goʻyo asov toydek sapchib, duch kelgan tomonga olib ketishi mumkin. Suv erkin oqishni yaxshi koʻradi. Agar unga quloq solib tursang, suv oʻzining kuchli oqimi bilan ariq qirgʻoqlarini kemirib ketib, koʻzga koʻrinmas qumlarni muttasil oqizib borayotgani eshitiladi.

Biroq Qoratoyning xayoli boshqa narsada edi. U bugun qanday boʻlmasin, tuni bilan ekinlarning hammasini sugʻorib olmoqchi edi. Suv hozirgacha Uchtepaga yetib borganini, u yerda suvchilar kechadan beri shaylanib, tayyor boʻlib turganini xayolidan oʻtkazdi-da, Qoratoy oʻrnidan sapchib turib quvonchidan oʻzicha miyigʻida kulib qoʻydi. Ha, sugʻorish boshlandi! Endi tezroq harakat qilib qolish kerak...

IV

Qalin kanopning qoq oʻrtasidagi yolgʻizoyoq yoʻl bilan chor atrofga nazar tashlab bir ayol kelardi. Uning boshiga bir oʻram qilib bogʻlab qoʻyilgan oq roʻmoli yelkasiga sidirilib tushgan, koʻylagining yoqalari ochib yuborilgan, qorongʻida koʻksi oqarib koʻrinib turardi. Bu Xonimgul edi. U shoshilganicha qaergadir ketib borardi. Uyqusidan choʻchib uygʻonib ketgan toʻrgʻay yonidan parillab uchib ketgan edi, Xonimgul choʻchib ketib qichqirib yuborishiga sal qoldi va qoʻrqqanidan qoʻlidagi tugunchani koʻkragiga bosib oldi. Yoʻq, u qoʻlidagi tugunchani tashlamoqchi emas. Qoratoy ishga bugun ovqat yemasdan ketgan, yana buning ustiga, uning kayfiyati ham buzuq edi. Agar biror hodisa yuz berganini bilganda, Xonimgul Qoratoy uchun jonini berishga ham tayyor edi...

Shu payt allaqaerdan:

– Qoratoy! Qoratoy! Suv urib ketdi! Tezroq kel! – degan kuchli ovoz eshitildi.

Shoshib qolgan Xonimgul oʻsha tomonni koʻzlab chopib ketdi. Uch-toʻrt kishi, kimligini bilib boʻlmasdi, urib ketgan ariq yoqasida uymalashib yotgan edi. Ammo Xonimgul ular orasidan Qoratoyni darrov tanidi. U suv oʻyib ketgan ariq oʻrtasida enkayganicha nimagadir urinib yotgan edi. Qatta ariqdan siqilib oqayotgan kuchli oqim yirtqich hayvon kabi tutqich bermay, qirgʻoqni uzib-yulqib, tuproq chiqindilarini oʻzi bilan birga oqizib soyga tomon chopardi. Suvning shovullab oqayotgan oqimi ichidan dam-badam kishilarning shovqin-suronlari eshitilib qolardi.

– Boʻl!.. Tezroq! Chimni olib kel!.. Toshni bos...

Xonimgulning yetib kelganini hech kim payqamagan edi. Biroq uning qaerdan, qachon kelganiga ham hech kim hech qancha taajjublanmasdi. Xonimgul suv kechib, Qoratoyning oldiga yugurib bordi. Qoratoy unga yalt etib bir qarab qoʻydi-da:

– Chim, chim olib kel! Tezroq! – deb buyruq qildi. Undan keyin nima boʻlganini Xonimgul yaxshi anglamasdi. Boshi qotib, gangrab oʻngimi, tushimi, faqat jon-jahdi bilan chim oʻyib yotganini bilardi, xolos. Chimni yerdan ajratib olish qiyin, uni tirnoqlari bilan uzib olish kerak. Chim juda ogʻir boʻlsa ham, Xonimgul uni tashlamay, bola koʻtarganday quchoqlab koʻkragiga qisib, Qoratoyga olib kelardi. Qoratoy boʻlsa xotiniga biron nima demasdan boʻgʻilib xirillardi. Shu choq narigi tomondan birovning qichqirgan ovozi eshitildi:

– Nima? Nima boʻldi?

– Tezroq, tezroq boʻlinglar! Suv olib ketyapti!..– Muskullari temirday boʻrtib chiqib, hansirab, bir-birovlarini turtishib suv bilan olishib yotgan odamlar orasidan ayolning horgʻin ovozi quloqqa chalindi. Xonimgulning oyogʻiga tosh tushib ketgan edi. U oyogʻining ogʻrigʻiga chiday olmasdan «voy jonim», degancha tishini tishiga bosib, suvning ichida oʻtirib qolgan edi, narigi yoqdan Qoratoyning «boʻlinglar», degan buyrugʻini eshitib, oʻrnidan irgʻib turdi. Shu zahoti bir narsa qirs etib ketdi. Nima boʻldi, oyogʻi sindimi?.. Qoratoyning qoqayotgan qozigʻi sinib ketgan edi...

Koʻzlari jimirlab tinib ketdi...

– Bari bir, boʻlmaydi!

– Nega boʻlmaydi?

– Eski ariq eski koʻylak singari, bir joyini yamasang, ikkinchi yeri yirtilaveradi.

– Bas qil!

– Bundan chiqdi, ishlab oʻlgin deb qoʻya qol?

– Oʻl!

Yana shiddatli kurash davom etadi! Suv – bu tilsiz yov. U bostirilgan tosh va chimlarning ostidan otilib chiqib, hamma yoqqa toshib, buzib borayotgan edi. Uni jilovlab boʻlmasdi... Qoʻllarining tobora madori qurib, yuzlaridan nomakob ter quyilardi... Suvchilar Qoratoydan norozi boʻlib, uni koʻrishga koʻzi yoʻq edi...

– Shu ham ariq boʻldi-yu, ichidagi choʻp-xasiga oʻralashib yiqilasan kishi... Yana undan suv qanday oqsin...

– Ariqlarni durustroq qazitmay rais bilan mirob nima qilib yuribdi...

– Bularning hammasiga Qoratoy aybdor, ikki oʻrtada na oʻziga, na oʻzgaga qildi...

– Tekin tomoq yurakni ogʻritadi!

Bu soʻzlarni Xonimgul ham eshitib turgan edi. «Ular nima deyishyapti, Qoratoy biror qaltis ish qilib qoʻydimi?» deb qoʻrqib ketdi.

Suvchilardan biri jahl bilan baqirdi:

– Bas endi, suvni ochib yubor!

Kimdir birov suvni ariqqa tashlab yuborish uchun shlyuz tomon yugurib ketdi. Qoratoy boʻlsa, bir-ikki sakrab yetib keldi-da, uning yoʻlini toʻsdi.

– Senga kim aytdi suvni tashlab yuborsin deb? Hoziroq izingga qayt! Javobini oʻzim beraman!

– Nimaning javobini berasan? Birovlarning suvini ochib olib, ariqlarni buzib yuborganingnimi?

Qoratoy lom-mim demasdi. Qovoq osgan boʻyicha qarshilik koʻrsatmoqchi boʻlib toʻplanib turgan suvchilarga tomon qoʻlidagi ketmonini salmoqlab yaqinlashib bordi.

Haligi soʻzlarning ma’nosini, kuyovining qilmishlarini Xonimgul endi aniq anglab yetgan edi.

Qoratoy suvchilarga gʻazab bilan tashlandi:

– Ishni tashlab ketishga kim ruxsat berdi?

– Qoʻp baqiraverma! Yaxshilik bilan suvni ochib yubor!

– Sen oʻgʻirlagan suv uchun biz javob bermaymiz!

– Ochib yubormayman! – deb baqirgan Qoratoy joni boʻgʻziga kelib, ketmon koʻtarib suvchilarga hamla qildi.

Shu zahoti suvchilardan biri uni oʻz ketmoni bilan toʻsib qoldi, ketmonlar bir-biri bilan toʻqnashib, qorongʻida olov uchqunlari chaqnadi. Suvchilar koʻplashib Qoratoyni bosib yiqitib, qoʻlidagi ketmonini tortib olishdi. Qoratoy shunda ham tinchlanmasdi. U oldida turgan odamlarni boshi-koʻzi demasdan sola boshladi.

Boshqalar uni ushlab qoʻlini orqasiga qayirishgan edi. Qoratoy qoʻldan chiqib ketib, ikki-uch qadam nariga borib yiqilib tushdi. Biroq yana oʻrnidan tura solib, quturgan hayvon kabi olishib ketdi.

Hangu mang boʻlib qolgan Xonimgul tili kalimaga kelmay, majoli qurib, oʻsha oʻtirgani boʻyicha oʻtirib qoldi.

– Voy, bu qanday mudhishlik! – deganicha Xonimgul mushtlashib yotganlarni ajratmoqchi boʻlib, oʻzini ularning orasiga otdi. Gandiraklab holdan ketgan Qoratoyning oldini toʻsib, urayotgan odamlardan uni himoya qila boshladi:

– Qoʻyinglar, sadagʻang ketaylar, hoy bu nima qilganlaring, bola boʻlyapsizlarmi, qoʻyib yuboringlar! – deb Xonimgul yiqilib-surilganicha Qoratoyni ajratib olishga talpinardi. Koʻziga qon toʻlib, jon talvasasida olishayotgan Qoratoy ayoliga boʻy bermay, uni qayta-qayta siltab tashladi. Shunga qaramay Xonimgul oʻzini qorongʻida mushtlashib yotgan olomon orasiga otib suvchilarga yalinib-yolvordi:

– Qoʻysalaring-chi, ayb sizlarda emas... Qoʻli bilan qilgan, boshi bilan javob beradi. Bunga Qoratoyning oʻzi javob bersin, sizlar ketaveringlar... Ketinglar hozir... Urmanglar deyapman!

– Hoy, urishni kim boshladi? Uning oʻzi emasmi?

– Boshlagan boʻlsa, boshlagandir, oʻchlaringni mendan olinglar, undan koʻra, meni uringlar.

– Nega seni urar ekanmiz... Hozir ketamiz, bu yerda yotib qoladigan odam yoʻq. Biroq biz buni shu boʻyicha oqibatsiz qoldirmaymiz. Tegishli joyda gapirishib olamiz... «Koʻramiz! Hali partorg, pravleniening oldiga ham boramiz!» – degancha suvchilar ketmonlarini yelkalariga tashlab, ovulga yoʻl olishdi.

Qoratoy boʻgʻiq ovoz bilan:

– Toʻxta! Orqaga qaytinglar, hozir qaytinglar! – deb boʻyniga osilib olgan Xonimgulni sudrab, ular tomon intilardi.

Suvchilar toʻxtamadi, unga javob ham qilishmadi. Bir ozdan soʻng ular qorongʻida gʻoyib boʻlishdi.

Boyadan beri olishaverib holdan ketgan Qoratoyning esi ogʻib, butun vujudi titrab-qaltirab, qoʻllari lattaday shalvirab qolgan edi. Dala ustidan goʻyo momaqaldiroq guldurab oʻtib ketganday atrof jimjit.

Dimiqqan iliq tun mayin tortib qizib yotgan yer betiga salqin tushayotgan edi. Ariq boʻylab tigʻiz oʻsgan ixroj bilan sariq bosh oʻsimliklarning oʻtkir hidi havoda anqib turardi. Kanal tarafdan qurbaqalarning qurillashi elas-elas eshitilib turardi. Narigi yoqda esa qalin butazor oralab ona tuya oʻtlab yuribdi. U boʻtalogʻini erkalab, choʻziq ovoz bilan oʻziga chorlardi va yantoq poyalarini kirtillatib chaynardi.

Ha, tabiat odatdagiday tinch, oʻz maromida, uning osudaligini faqat birgina narsa – ariqning sharillab oqayotgan suvi buzmoqda edi. Kichkinagina kamarchadan kuch bilan otilib chiqayotgan suv soy boʻylab sharqirab oqmoqda. Qoratoy boshini quyi solib, oʻrtanib yotgan yuragini toʻxtatolmay kamardan pishqirib qaynab chiqayotgan suv kabi entikib, ogʻir nafas olardi. Uning «dik-dik» urayotgan yuragi kuyovini quchib turgan Xonimgulga goʻyo oʻz qalbi urayotganday aniq sezilib turardi. Mana, suv soʻnggi tosh va chimlarni ham surib oqizib bormoqda. U oʻchakishganday, avvalgisidan ham kuchliroq sharillamoqda.

– Buni men yolgʻiz oʻzim uchun qildimmi? – deyardi Qoratoy oʻz-oʻzicha, kimga yuzlanishni bilmay. – Yoʻq, kolxozni deb qildim... Suv boʻlmasa... Ekin maydoni yildan yilga kengayib borayotgan boʻlsa...

Xonimgul kuyovining bu nolishini koʻrib, yuragi tovlanib ketdi:

– Hechqisi yoʻq, Qoratoy, koʻp xafa boʻlaverma! – deyardi Xonimgul kuyovining qulogʻiga shivirlab.

Qoratoy bir xoʻrsinib, Xonimgulni quchoqlab turgan qoʻllarini ajratib, uni nariga itarib yubordi.

– Ket bu yerdan! – dedi u zarda bilan qahri kelib. – Koʻzimga koʻrinma, yoʻqol!

Xonimgul biron narsa demasdan jimgina qayrildi-da, odimlab ketdi. U yurib borarkan, yoʻl-yoʻlakay quvraylarning boshini chimchib, ularning achchiq donlarini kaftida uqalab, yerga sepib borardi.

Yolgʻiz qolgan Qoratoy yana bir oz oʻtirdi-da, soʻng toʻgʻonni koʻzlab yurib ketdi.

V

Tong ham ota boshladi. Togʻ yon bagʻirlariga oʻrnashib olgan pagʻa-pagʻa yengil bulutlar uyqudan sekin-asta bosh koʻtara boshladi.

Qoratoy boʻlsa yerda chalqancha tushib yotgan edi. Hozir u yerni quchoqlaganicha yolgʻiz yotardi.

Yer hammasini tushunadi, odamning sevinch-quvonchiga ham, qaygʻu-alamiga ham sherik boʻlishi, oʻz bagʻriga singdirishi mumkin. Mana, hozir ham chuqur xayollar ogʻushiga choʻmib oʻtgan voqeani eslayotgan Qoratoyning tinchini buzgisi kelmaganday, sekin-asta yorishib kelayotgan tong shu’lasi yer betiga toʻshalib, yuqoridan esayotgan mayin shabada uning zirqirab-qaqshab ogʻriyotgan tanasi, qavarib ketgan qoʻllari uzra girdikapalak boʻlardi. Qoratoy yotgan yerga yana kimdir birov sharpasiz yaqinlashib keldi-da, uning yoniga oʻtira qolib, Qoratoyning boshlarini, kiftlarini silay boshladi. Bu iliq qoʻllar Qoratoy uchun gʻoyat yaqin, gʻoyat yoqimli tuyulardi. Qoratoy zarracha boʻlsa-da, qoʻzgʻalishdan qoʻrqardi; goʻyo sal qoʻzgʻalsa bu orombaxsh lahza, jon ato qilgan baxt qushi parvoz qilib, uchib ketib, ikkinchi marta qaytib kelmasdek boʻlib tuyulardi.

«Qadringga yetmadim, Xonimgul, – deb oʻylab yotgan edi u. – Sening tabiatingni tushunmasdan pastlik qildim. Kechir meni, yuzingga qanday qarayman endi. Baxt-tole degan narsa faqat uyda, oʻchoqning boshidagina emas, balki el bilan, kollektivning mehnati bilan chambarchas bogʻliq ekanini oʻzing ham tushungan boʻlsang kerak...»

– Qoratoy, oʻrningdan tur, Sobirbek kelyapti! – deb shivirladi Xonimgul. Qoratoy boshini salanglatib oʻrnidan turdi.

– Ma, dalada qolib ketibdi, boshingga kiyib ol, – deb Xonimgul unga qalpogʻini uzatdi. Qoratoyning changga botgan ust-boshini qoqib, koʻylagining yirtilgan joylarini toʻgʻrilab, qistirib qoʻydi.

– Men uyga ketaverayin, sen keyin borarsan... Oting qoʻrgʻonning narigi yogʻida tushovli yuribti, – dedi Xonimgul ketib borayotib.

Sobirbek ariqni yoqalab sekin kelayotgan edi. U ba’zan uzangiga oyoqlarini tirab, otining jilovini tortib, atrofga nazar tashlab borardi. Balki, u yangi ariqning qaerdan tushishini moʻljallab yurgandir.

Qoratoy jimgina qarab turardi.

Doʻst oldida javob berishdan koʻra dushman qoʻlida oʻlgan yaxshi emasmi?!

1954