OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MualliflarChingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov
Asar nomiChoʻqqida qolgan ovchining ohi-zori (I- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Qirgʻiz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Chingiz Aytmatov
   - Muxtor Shoxonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Sharq» Nashriyot-Matbaa Konserni Bosh Tahririyati, Toshkent, 1998 yil
TarjimonNabijon Boqiy, Yoqubjon Xoʻjamberdi
Hajm305KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/30
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Tarjima muharriri: Tursunboy Adashboyev


Annotatsiya
XX asrning buyuk yozuvchisi Chingiz Aytmatov bilan taniqli qozoq shoiri, yirik jamoat arbobi Muxtor Shoxonovning samimiy suhbatlari natijasi o‘laroq dunyoga kelgan ushbu kitob insoniyatga cheksiz ishonch va mehr-muhabbat mahsulidir. Inson umrining mohiyati — ma’naviy jasorat, inson esa haytning gultoji. Foniy dunyoda insonga borib taqaladigan chigal muammolar behisob. Bunday muammolarga har bir kishi duch keladi va har kim o‘zicha javob izlaydi, o‘zicha javob topadi. Abadiyat faqat kelajakmi yoki o‘tmish ham, ushbu damlar ham abadiyatmi?.. Xullas, mualliflar nozik masalalar to‘g‘risida nozik fikr yuritadilar va kitobxonni ham fikrlashga undaydilar: o‘quvchi Chingiz og‘a bilan Muxtor og‘aga hamsuhbat bo‘lib qoladi, sirdosh bo‘lib qoladi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Choʻqqida qolgan ovchining ohi-zori (I- qism)
Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov

Suhbatdoshga Tashnalik (Muqaddima)

Soʻzni avaylab-asrash kerak. Menga qolsa, Soʻz qurumsoqlikni yoqtiradi, derdim. Agar Soʻz xuddi kechasiyu kunduzi oqib yotgan suv misoli isrof qilinsa, Soʻzning har bir misqoli qadrlanmasa, Soʻz tejab-tergab ishlatilmasa, oʻz kuchini yoʻqotadi — jonsiz boʻlib qoladi. Ibtidoiy jamoa tuzumidan beri yashab kelayotgan qonuniyatga binoan, oʻz soʻzining ustidan chiqmaydigan inson beburd hisoblanadi va unga hech kim ishonmaydi.

Ochilib-yozilib chin koʻnguldan suhbatlashaylik degani, matematika iborasi bilan aytganda, «kvadrat»da yashamoq ma’nosini anglatadi. Esimda bor, bolalik davrimda ovulimizda istiqomat qiladigan bitta hurmatli oqsoqol: «Mana, endi gaplashadigan odam ham qolmadi», deb tez-tez nolib qoʻyardi. Oʻsha paytlari rostakamiga yoqamni ushlardim: «Oqsoqol juda injiq-da! Atrofida odamlar tiqilib yotibdi-ku, lekin uning yolgʻiz oʻzi zerikib oʻtiradi-ya!» Keyinchalik anglab yetdim-ki, oqsoqol chin koʻnguldan ochilib-yozilib gaplashadigan, faqat Soʻzning qadrini biladigan yoki ma’nosini tushunadigan suhbatdoshga emas, balki ayni chogʻda tinglashni ham biladigan hamsuhbatga tashna ekan.

Siz hozir qoʻlingizda ushlab turgan kitobning yaratilishi qiziq boʻldi. U Muxtor ikkovimizning suhbatlarimizdan, oʻzaro kashfiyotimizdan bino boʻldi. Birimiz qozoqcha, boshqamiz qirgʻizcha (shukrkim, azaliy qardosh tillarda) soʻylardik. Biz oʻzaro muloqot quvonchini ich-ichimizdan his etib turardik; olis bolalik yillarimda ovulimiz oqsoqoli ham xuddi shunday suhbatlarga tashna edi. Ehtimol, bu badihalarni «magnitofon qarshisidagi sirlashuv» yoki «ohanrabo tasmasidan chiqqan tasodifiy kitob» deb nomlash mumkindir. Suhbatlar mobaynida his-hayajonga berilib ketgan paytlarimiz ham bor. Shundoq boʻlsada, bemalol suhbat qurib oʻtirgan paytimiz nogohon tugʻilib qolgan fikr-mulohazalar va soʻzlarni asil holida oʻquvchiga taqdim etishga qaror qildik. Hayotimiz soʻqmoqlarida duch kelganimiz quvonch va musibatlarni yashirib oʻtirmadik. Bular toʻgʻrisida faqatgina eng yahin kishilarimiz bilardi, xolos. Mana shu jihati bilan erkin suhbat yozma ijodiy turlardan farq qiladi.

Mavridi kelib qolgan paytda mening suhbatdoshim kimligini oʻquvchiga tanishtirib oʻtsam zarar qilmaydi.

Hayotimda ikkita Muxtorga duch kelganman. Birinchisi — menga otalarcha gʻamxoʻrlik hilgan ustozim, buyuk yozuvchi Muxtor Avezov boʻlsa, ikkinchisi — shoir, eski doʻstim va sirdoshim Muxtor Shoxonov. Menimcha, Muxtor Shoxonov Osiyodagi ulugʻ shoirlardan biri hisoblanadi. Meni maftun etgan narsa shuki, u qiziquvchan mutafakkir, izlanuvchan inson, Sharq donishmandligi bilan Gʻarb dunyoqarashini oʻzida mujassamlashtirgan nozik qalb sohibidir. Agar oʻz vatanidan tashqarida shoirni kimdir yaxshi bilmasa, bu uning aybi emas. Ushbu kitob-suhbat yordamida oʻhuvchilar ommasi uning serqirra she’riyati bilan yahinroq tanishish imkoniyatiga ega boʻladi. Kezi kelganda yana bir narsa toʻtrisida alohida toʻxtalib oʻtishni lozim topdim.

Muxtor Shoxonov Qozogʻistonda milliy qahramon darajasida mashhur. Shoir xalq xohish-irodasini ifoda etadigan notiq sifatida minbarga chiqqach shon-shuhratga burkandi. 1986 yilning dekabr oyida qozoq yoshlari mustabid tuzum saltanatiga qarshi ommaviy ravishda bosh koʻtardilar. Xuddi oʻsha paytlari roʻy bergan hodisa toʻgʻrisidagi har qanday haqqoniy axborot pinhoniy taqibga uchradi. Shaxsiy hayoti xavf ostida qolishini bilib turgan Shoxonov esa shoir va milliy ozodlik harakatining jangchisi sifatida bor ovoz bilan nohaq quvgʻinga uchragan yoshlarni himoya hilib chiqdi, ularga ozodlik berilishini talab etdi.

Bizning suhbatlarimizga qulay imkoniyat tugʻdirgan sabablardan yana biri shulkim, mana, bir necha yildan buyon Muxtor Shoxonov Qozogʻistonning bizdagi, Qirgʻizistondagi elchisi. Bu sohada ham u oʻziga xos, yorqin shaxs ekanini namoyon qildi. Biz tez-tez uchrashib turamiz; har safar oʻzimizni va zamonimizni teranroq tushunishga urinib koʻramiz. Xamkorlikdagi kitobimiz shu tarzda dunyoga keldi. Bu kitobimiz oʻquvchiga ma’qul kelsa ajab emas...

Chingiz Aytmatov

«Toʻrt Ona» Yoki Vatanni Tushunish

«
Mening vatanim — Shakar ovuli... Manas togʻlari choʻqqisidan tomchi-tomchi boʻlib tushayotgan shiddatli oqim ovulimizga oppoq koʻpikli, koʻm-koʻk daryo qiyofasida kirib keladi. Uning nomi Qurqurov. Daryoning nomi fe’l-atvoriga mos tushgan: guldurab, gumburlab oqadi. Bu daryo atrofidagi tabiatni oziqlantiradi...
Olislardan Shakarning qorasi koʻzimga chalinishi bilanoq yuragim tipirchilay boshlaydi, nafasim boʻgʻiladi. Manas otaning muz qoplagan choʻqqilari quyosh nurida yilt-yilt tovlanib, qarshimda ulugʻvor qomati paydo boʻlishi bilanoq ich-ichimdan toʻlqinlanib ketaman...

Chingiz Aytmatov
»
«
Unutmoq dardidan saqla, xudoyim,
Bolani tuqqandan tashqari yana,
Umrini tuzatib borguvchi doim,
Har siyratda boʻlar toʻrt ona.
Ota yurt — kindik qon toʻkilgan zamin,
Ona til — yaratgandan meros bir yorliq,
Hatto bir tup yovshanda tuyasan ta’min
Milliy odating, buncha chiroylik.
Hasratli zamonlar tilsa-da bagʻring,
Oʻzgarmasdir sening asil tarixing.
Quyoshga yesa-da uchqur xayoling,
Gar unutsang, toʻrt ona kechirmas.
Asramasang, shuldir sening zavoling,
Toʻrt onasin asramagan toʻda, xalq emas.
Toʻrt ona deb yashash boʻlsa qarz,
Toʻrt ona deb oʻlmoq oʻzi farz.

Muxtor Shoxonov
»

Shoxonov. Biz xom sut emgan bandalarni aldoqchi taqdir dunyoning qaysi bir burchagiga uloqtirib tashlamasin, bitta joy insonni doimo oʻz bagʻriga chorlayveradi. Bu joyning nomi otayurt deb ataladi. Qayerda boʻlmaylik, hech boʻlmasa, xayolan, yer sayyorasi miqyosida uncha katta boʻlmagan zaminga, qozoqlar va qirgʻizlar, umuman, barcha turkiy xalqlar oʻrtasida mashhur boʻlgan ibora bilan aytganda, kindik qonimiz toʻkilgan tuproqqa qaytaveramiz. Har bir odam uchun dunyo ostonadan boshlanadi, tugʻilgan tuproqqa muhabbatdan hayotga qadam qoʻyamiz. Toʻgʻri, yaqin-yaqinlarda ham, Shoʻro hukm surgan davrlarda biz oʻzimizni shiorga aylanib ketgan qoʻshiq ruhida tarbiyalashga va shunga ishontirishga harakat qilardik. Goʻyo:

Mening makonim — uy ham, koʻcha ham emas
Mening makonim — Shoʻrolar Ittifoqi»,

edi.
Yer yuzida xayolining bir chetida otayurt timsoli yashamaydigan birorta inson bormikan? U bolalik paytingda sarpoychan sohillarini bearmon kezib chiqqan oʻjar daryo boʻlishi mumkin... Koʻpincha daryo yoqasidagi koʻlmakda vaq-vaq qiladigan baqalarning tovushini sogʻinasan, ba’zan osoyishta ovul tinchligini buzib vovullaydigan it tovushini qoʻmsab qolasan...

Chike («Chingiz ogʻa»ning qisqartma koʻrinishi. — Tarj.), men Siz bilan vataningizga — Shakar ovuliga birga bordim. Talas vodiysidagi bu joy hozir muxlislaringizning ziyoratgohiga aylanib qolgan. Haqiqatan ham, hayratlanarli darajada goʻzal togʻli goʻsha ekan.

Biz Shakar ovuliga yaqinlashib borardik. Birdan Sizni hayajon chulgʻab olganini sezib qoldim; yuz-koʻzingizdan bagʻoyat toʻlqinlanib ketganingiz yaqqol koʻrinib turardi. Mashinada Siz bilan yonma-yon oʻtirar ekanman, xayolingizdan nimalar kechayotganini oʻzimcha tusmol qildim: ehtimol, bolalikning, yoshlikning goh gʻamgin, goh shodon manzaralari koʻz oʻngingizdan bir-bir oʻtgandir... Nazarimda, yoʻlimizda uchrayotgan har bir tepalik, har bir nishablik goʻyo: «Sen meni unutmadingmi?» deb soʻrayotganday edi. Yanglishmasam, tugʻilib oʻsgan ovulingizning tabiati, shu yerlik odamlar koʻp jihatdan Sizni yozuvchi sifatida shakllanishingizni ta’minlagan boʻlsa kerak. Toʻrt tarafingizni qurshab olgan borliqni teran anglaganingiz va mehr qoʻyganingiz tufayli ijodingiz ana shu dashtu dalalarda kamol topdi. Agar qandaydir yovuz kuch Shakar ovulini qalbingizdan yulib olganda bormi, Siz ham odatdagi oʻrtamiyona yozuvchilardan biriga aylanib qolardingiz.

Daf’atan, Shakar kishini lol qoldiradi: ovulga oʻxshamaydi, nimasi bilandir shaharni eslatadi. Olislardan muhtasham uylar, maktab, klub, doʻkon koʻzga tashlanadi. Aholining koʻpchiligi istiqbolimizga peshvoz chiqdilar: har bir kishi Siz bilan koʻrishishga, salom-alik qilishga urinardi.

Aytmatov. Darhaqiqat, inson tugʻilib oʻsgan otayurtda taqdirga dastlab poydevor qoʻyiladi. Muhimi— otayurtdan olgan va yuqtirgan narsalarni qalb qoʻri bilan ilitib, xuddi bol toʻplayotgan asalari misoli yurakka joylab olishing kerak.

Esimda, bolalik paytlarim kattaroq yigʻilish boʻlib qolsa, oqsoqollar oʻyinqaroq bolalarning gʻururini qoʻzgʻatish uchun:
— Hoy shumtakalar, qani, kim toʻxtamasdan yetti ota-bobosining nomini aytib beradi? — derdilar.

Bolalar birpasda jiddiy tortib qolishar va navbati bilan har biri ota-bobosining nomlarini sanay boshlar edilar. Xudo koʻrsatmasin, agar birorta boboning nomi esingdan chiqib qolsa bormi... Keyinchalik tushundimki, chollarning ilmoqli savollarida teran ma’no bor ekan. Shu yoʻsinda murgʻak qalbimizga avlod-ajdod va qon-qardoshlik tushunchalari singdirib borilardi, bizni uzoq-yaqin qarindoshlarimizni farqlashga oʻrgatishardi. Bolalik paytimdayoq yoddan bilardimki, men Shakar urugʻidanman, mening otam Toʻraqul, Toʻraqulning otasi Aytmat, Aytmatning otasi Kimbildi, Kimbildining otasi Qonchujoq... Aytmat bobom qoʻli gul usta edi: ham duradgor, ham temirchi, ustiga-ustak, chevar edi. Qolaversa, durustgina baxshi ham edi. Uning beshta farzandi boʻlgan: Oyimqul, Qoraqiz, Guloyim ismli qizlari va Toʻraqul, Risqulbek ismli oʻgʻillari bor edi.

Ovul tirik mavjudot kabi oʻzining abadiy qonunlari bilan yashaydi. Oʻshalardan eng muhimlari — keksalarga hurmat va yetti ota-boboni bilishdir. Lekin, yana bir narsani esdan chiqarmaslik lozim: kelajakda oʻzing ham yetti ota-bobo qatoridan joy olasan. Xoʻsh, ajdodlar seni yaxshi soʻzlar bilan eslaydilarmi yoki aksinchami? Aytaylik, kimdir ot oʻgʻrisining nevarasi boʻlsin. Unga hech kim havas qilmasa kerak...

Biz ana shunday xalq falsafasi ruhida tarbiyalandik. Men hozir ham «etti otani bilish kerak» degan udumni e’zozlayman. Aytmoqchi, yettinchi avlodgacha boʻlgan qarindosh-urugʻlarning qoni bir xil tarkibda ekanini tabobat ilmi isbotlab bergan. Agar oʻz avlodini yaxshi bilmaydigan yigit qondoshi boʻlmish qizga uylanib qoʻysa, ajdodi buzilib ketishi mumkin. Shunday qilib, mol boqib, matal toʻqib yurgan donishmand chollarimiz mohiyatga yetib borganlar...

Masalan, aytaylik, nima uchun baquvvat, gʻayratli kishilar Amerikaga koʻchib boradilar? Jamoatchilik tan olgan haqiqatga koʻra, yangi kashf etilgan quruqlikka har xil elat vakillari koʻchib borganlar. Ular oʻzaro va mahalliy xalq bilan qardosh boʻlib ketadilar, qonlari aralashadi. Natijada qoni yangilangan elat paydo boʻladi. Shu bois koʻchmanchilar oʻzlari yashagan avvalgi joylarini «Koʻhna dunyo» deb ataydilar.

Shoxonov. Bir kuni Jambul viloyatidan kelgan yigit kaminani izlab topdi. Ma’lum boʻlishicha, Olmaotadagi institutlarning birida ukasi tahsil koʻrar ekan.
— Qarindoshimizning bitta qizi bor. Ukam ikkovi bir-birini sevib qolishibdi. «Shu qizga uylanaman, vassalom! Agar toʻsqinlik qilsalaring bormi, oʻzimni oʻzim oʻldiraman!» deyapti ukam. Hech kimning gapiga quloq solmayapti. Biz yaxshilikcha uni bu yoʻldan qaytarmoqchi boʻldik. Yalinib-yolvordik, doʻq-poʻpisa qildik. Lekin, foydasi boʻlmadi. Nihoyat, maslahatni bir joyga qoʻyib, Sizga murojaat qilishga kelishdik. Agar ukam endi birovning gapiga yuradigan boʻlsa, faqat Sizning sazangizni oʻldirmaydi. Chunki, she’rlaringizni, dostonlaringizni yoddan biladi, chin muxlisingiz. Oʻtinib soʻraymiz, ukamni bu yoʻldan qaytarib bering yoki unga ikki qator xat yozib bering. Boshqa ilojimiz qolmadi, — dedi yigit xoʻrsinib.

Bu voqeani eshitib boshim qotib qoldi. Unday qilsam arava sinadi, bunday qilsam — hoʻkiz oʻladi. Bir tomondan qaralsa, shubhasiz, yoshlar bir-biriga chinakam mehr qoʻyganlar. Boshqa tarafdan qaralsa, eskilardan qolgan gap bor: yetti avlodgacha qarindosh boʻlgan birodarlar bir-biri bilan quda-anda boʻlmasligi kerak. Ularni ajratib, muhabbat deb atalmish buyuk tuygʻudan benasib etish mumkin. Keyin, kim biladi deysiz, umrbod pushmon qilib oʻtsalar-chi? Sir emas, asil muhabbatga kishi umrida bir bora duch keladi. Xullas, tasodifiy mehmonimga qanday javob qaytarishni ham bilmay qoldim.

Oʻylab-oʻylab, axiyri bunday dedim:
— Hozir ukangiz birinchi kursda oʻqir ekan. Uqishini tugatguncha uylanmay tursin. Oʻtgan yillar mobaynida shashtidan qaytmasa, bunga hech ajablanmaslik kerak. Lekin, koʻpincha yigitlar oʻtkinchi havasni muhabbat deb biladilar. Agar oradan toʻrt-besh yil oʻtgandan keyin ham ular shashtidan tushmasa, demak, bu chin muhabbat boʻladi. Nachora, soʻng ular bir umr birga boʻlishlari kerak.

U juda qattiq uxlardi. Arabistonda ekanimizda ham ertalab uni uygʻotish uchun ozmuncha mehnat sarf qilmasdim. Koʻzlarini ochishga unamagandan keyin, otga minayotganday qorniga minib olib qistash, uzun moʻylovlarini tizgin qilib tortish, «chux»lash kerak boʻlardi. Lekin bu kecha uni uygʻotishdan qoʻrqdim. Uygʻonsa, meni ilgarigiday yoniga oʻtkazishga koʻnmaydi, yalinib yolvorishimga qaramay, buvimga eltib beradi, deb oʻyladim.`

Chike, 1969 yili Moskvada boʻlib oʻtgan yosh yozuvchilarning uchinchi Butunittifoq kengashi esingizdami? Biz yoshlar uchun u paytlar Sizdek mashhur ustoz bilan hamsuhbat boʻlish juda katta gap edi. Men Siz bilan shaxsan tanish emasdim. Lekin, Siz qirgʻiz boʻlganingiz uchun xuddi ogʻam kabi oʻzimga yaqin olib, yoningizga borib gaplashmoqchi boʻldim. Yosh yukagir yozuvchisi Semyon Kurilovni Sizga tanishtirdim. SSSR Yozuvchilari uyushmasining raisi Konstantin Fedin oʻz nutqida S. Kurilovning «Xanido va Xalerxa» romanini ham tilga olib oʻtgan edi. Kengashning boshqa qatnashchilari ham Kurilov ijodini yuksak baholaydilar. Keyinchalik, «Jalin» nashriyotining direktori Kaldarbek Naymanboyevning koʻmagida oʻsha roman qozoq tilida nashr etildi. Uni taniqli jurnalist Minboy Ilyosov tarjima qilgan. Afsuski, ochiq koʻngil, iqtidorli Semyon juda erta vafot etib ketdi...

Kurilovning romani yukagir elatining oʻziga xos solnomasi edi. Oʻsha yillari yukagirlar, yanglishmasam, bor-yoʻgʻi 608 nafar edi, xolos. Nafsilambirini aytganda, yukagirlar ham va boshqa kam sonli Shimol xalqlari ham oʻz xotinlarini mehmonga qoʻshib qoʻyishar ekan. Urf-odat shunaqa ekan...

Aytmatov. Shunaqa gapni eshitganman. Albatta, bunday gaplar kishini dovdiratib qoʻyadi. Yovvoyilikka oʻxshaydi.

Shoxonov. Bizga yovvoyiliqday koʻrinadi. Lekin, tundra va tayga uchun bu koʻngilochar ermak emas, buzuqchilik ham emas. Barmoq bilan sanarli miqdorda vakili qolgan kichik elat, ehtimol, xuddi shu yoʻsinda qonini yangilamoqchi boʻladi, yashamoqchi boʻladi. Sir emas, yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh natijasida mayib-majruh farzandlar bino boʻladi va oxir-oqibatda xalq qirilib bitadi. Ota-bobolarimizning tajribalari natijasida qaror topgan «etti ota» udumi bizning ongimizga buzib boʻlmaydigan odob-axloq sifatida singib ketgan.

Yana bir misolni koʻraylik: agar kelinchak roʻparasidan kelayotgan qariyani koʻrib qolsa, aslo yoʻlni kesib oʻtmaydi, balki to qariya oʻtib ketguncha egilib ta’zim qilib turadi. Qolaversa, kelinchak kuyovining qarindosh-urugʻlarini ismini aytib chaqirmaydi. Ichki madaniyat, nazokat shunday boʻlmaydimi?!

Aytmatov. Ayni paytda hazil-mutoyiba ham chetlab oʻtilmaydi. Bizning ovulimizda kuyovning ogʻa-inilari uchun hech kutilmagan nomlarni oʻylab topardilar. Ba’zan mashgʻulotiga qarab nom qoʻyardilar. Masalan, tegirmonchini «Tegirmontosh ogʻa» deyishardi; naynov yigitni esa «Tunduk bosh» — «boshi minoraga yetadigan yigit» deyishardi. Bizning Shakarda nimjongina, paxmoq soch kishi boʻlardi. Kelinchaklar uni koʻrib qolsalar: «Qargʻa kelyapti», deyishardi pichirlashib. Ovulda har kim oʻz maqomiga yarasha nom qozongan edi.

Shoxonov. Shu munosabat bilan xalq orasida bitta rivoyat yuradi. Daryoning narigi qirgʻogʻida, qamishzorda bitta boʻri qoʻzichoqqa tashlanib qoladi. Shu payt kelinchak koʻza koʻtarib suv olgani kelib, boʻrini hurkitib yuboradi. Chalajon holatda tipirchilab yotgan qoʻzichoqqa koʻzi tushgan kelinchak yonidan pichoq chiqarib, uni qayroqtoshda qayrab qoʻzichoqning kekirdagini uzib tashlaydi va jon talvasasidan qutqaradi. Uyga qaytgan kelinchak daryo yoqasida roʻy bergan voqeani gapirib bermoqchi boʻladi-yu, birdan qaynogʻalarining nomlari esiga tushib qoladi: Oʻzanboy, Qamishboy, Qoʻychiboy, Qashqirboy, Kezdikboy (kezdik — pichoq), Qayroqboy. Ularning nomini tilga olsa, odobsizlik qilgan boʻladi. Nima qilmoq kerak? Kelinchak oʻylab-oʻylab shunday deydi: «Jildiroqning yoqasida, shovulloqning orasida uvlovuq ba’rovuqqa tashlanib qoldi. Men yonimdan kesadiganimni chiqarib, uni oʻtkirlagichga ishqalab, soʻng kekirdagini uzib tashladim».

Hammasi «sahro akademiyasi»dan boshlangan. Qadimiy koʻchmanchilar madaniyati unda mujassamlashgan edi. Misol uchun, kimdir uy qurmoqchi boʻlsa, atrofda yashaydigan kishilar odat boʻyicha «hashar»ga kelardilar. Ziyofat ham, ma’raka ham ovul aholisi uchun koʻpga kelgan toʻy hisoblanadi. Bunday paytda kishi oʻzini chetga torsa, uyat boʻladi.

Ishoq ismli togʻam boʻlardi. Beozor kishi edi, hech kimga ziyoni tegmasdi. Agar u ot minib ketayotgan boʻlsa-yu, yoʻlda tosh yotganini koʻrib qolsa, darhol otdan tushib toshni bir chekkaga uloqtirib yuborardi.

Uning xatti-harakatini kuzatib turgan bekorchixoʻjalarga: «Birov toshga qoqinib ketmasin», deb izoh berardi. Bahor chogʻlari Bodom daryosi toshib, ovul oʻrtasidagi yagona koʻprikni suv yuvib ketardi. Ovul ikkiga boʻlinib, ikki qirgʻoqda yashaydigan aholi oʻrtasida aloqa uzilib qolardi. Togʻam otiga minib, bemalol daryoning narigi sohiliga suzib oʻtardi. Gap bunda emasdi. Ishoq togʻam hech qanday gap-soʻzsiz oʻz bogʻiga boradi va teraklarini kesadi, soʻng birovdan koʻmak soʻramasdan, yolgʻiz oʻzi koʻprik qurishga kirishadi. Uning kuyib-pishib ishlayotganini koʻrgan ovuldoshlari oʻzlaridan uyalib, darhol togʻamga yordam bera boshlaydilar.

Xalq an’analarini koʻz qorachigʻiday asraydigan togʻam kuzga borib ogʻir xastalikdan soʻng vafot etdi. Oʻlimi yaqin qolganini bilib, meni huzuriga chorladi.

— Chirogʻim, gap bunday, — dedi xasta tovushda, — ota-bobolarimiz yoniga butunlay ketyapman. Bir narsa toʻgʻrisida sen bilan gaplashib olmoqchiman. Chirogʻim, bilaman, shoir boʻlmoqchisan. Bunday sharafli kasb har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi. Lekin, oʻz nomiga dogʻ tushirmagan insongina baxtli boʻladi. Yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishtalar «Omin!» deydilar... Agar yoʻldan ozib kesang, yaltiroq yolgʻonlarga mahliyo boʻlsang, albatta, la’natga yoʻliqasan: soʻzlaringga birov ishonmay qoʻyadi. — Shiftga termilib yotgan koʻyi birpas sukut saqladi. — Sendan eng oxirgi iltimosim shuki, bilmadim, uni ado etasanmi-yoʻqmi, lekin aroqxoʻrlardan sal uzoqroq yurgin. Majbur qilmayman. Iltimosimni yerda qoldirishing mumkin. Yaxshilib oʻylab koʻrgin. Keyin javobingni aytasan. Xudo xohlasa, yana ikki kunlik umrim bor. Shu muddat ichida bir toʻxtamga kelgin. Agar, hozir zamon shunaqa, boshqalardan ajralib yurish xunuk boʻladi, deb oʻylasang, mayli, yolgʻon va’da bermay qoʻya qol. Men xafa boʻlmayman.

—Ota, bu borada nimani ham oʻylash mumkin, — deb e’tiroz bildirdim. — Agar siz shuni istasangiz, boʻpti, bundan keyin aroq ichmayman.

—Ana endi yaxshi boʻldi, aylanayin! Iloyim, baxtli boʻlgin! — Togʻamning koʻzlaridan yosh oqib ketdi. Choʻpday boʻlib qolgan barmoqlari bilan qoʻllarimni silab-siypaladi. — Endi bemalol Egamga omonatini topshiraman.

Togʻam goʻyo oʻlimini oldindan sezganday, roppa-rosa ikki kundan soʻng bu foniy dunyoni tark etdi.

Onam Umsin Aytboy qizi 85 yoshida, diplomatiya xizmati bilan Qirgʻizistonga kelgan. 1994 yilda qaytish qildi. Siz onamni yaxshi taniysiz. U kishi Sizni uyimizda koʻp marta kutgan. Onam oʻn uchta farzand koʻrgan. Lekin, faqat bitta oʻzim tirik qolganman. Onam bilan safarga otlanadigan boʻlsak, doim qatlama, qazi, qurutni yoʻlga hozirlab qoʻyardi.

Ilgari har xil sabablar bilan Moskvaga tez-tez borib turardik. Shunday paytlarda onam oʻzi taniydigan kishilarga atalgan boyagi taomlarni jomadonimga joylab berardi. Onam oʻqishni ham, yozishni ham bilmasdi. Shunga qaramasdan, Yevgeniy Yevtushenkoni qizgʻin yaxshi koʻrardi. Ehtimol, oʻgʻlining she’rlarini tarjima qilgani uchun yaxshi koʻrardi. Balki, boshimga mushkul ish tushgan paytlari yordam qoʻlini choʻzgani bois mehr qoʻygandir? Yoki boʻlmasam, oilamiz atrofidagi kishilar hurmat qilgani sababli yaxshi koʻrib qolgandir?

— Marhamat, ovuldan keltirilgan tansiq taomlardan tatib koʻringlar! Bularni onam berib yubordi! — derdim jomadonimni boʻshatayotib.

— Sening onang men uchun jamiki qozoq ovullarining timsoliga oʻxshaydi, — degan edi bir gal Yevgeniy Aleksandrovich hazil aralash.

Moskvaga borib yurgan kezlarim Sizning eski qadrdonlaringiz boʻlmish Rasul Hamzatov va Dovud Qugʻultinovlar bilan yaqindan tanishdim. U paytlari Oliy Sovet deputatlari «Moskva» mehmonxonasida maxsus ajratilgan xonalarda yashardilar.

Bir kuni oʻz xonamga kirib, shundoq xolodilnikni ochsam, hech vaqo qolmabdi. Kim oʻz hunarini koʻrsatib ketganini oʻylay boshlagan edimki, birdan telefon jiringlab qoldi. Trubkani koʻtarishim bilanoq Dovud Nikitichning tanish gulduragan tovushi qulogʻimga chalindi. «Dastxatimizni tanidingmi? Yoʻq paytingda Rasul ikkovimiz xonangga kirdik. Menga qara, sen bizni necha marta ovulingga mehmonga chaqirgansan? Mana, endi onang berib yuborgan taomlarni yeb koʻrganimizdan soʻng hech kim bizni ovulingda mehmon boʻlmagan deb ayblay olmaydi».

Ikkovimiz ham xaholab yubordik. Qalamkash ogʻalarim mana shunday begʻaraz hazil-mutoyibaga usta edilar.

Onam pensiya puliga qogʻozli qandlar, pechene xarid qilardi. Choʻntaklarida har doim shirinliklar boʻlardi. Onam ostona hatlab koʻchaga chiqishi bilanoq qoʻshnilarimizning bolalari atrofini qurshab olishardi, quvonib ketishardi. Onam navbati bilan hammaga shirinlik ulashib chiqar edi. Bu ishidan bagʻoyat mamnun boʻlardi.

...Kunlarning birida Gurev (hozirgi Atirov) viloyatiga safar qildim. U yerda Ravil Cherdaboyev bilan tanishdim. Keyinchalik biz qalin doʻst boʻlib ketdik. Birinchi marta oʻshanda Maxambet Oʻtemisovning fojiali taqdiri toʻgʻrisidagi hikoyani eshitdim. Soʻng eshitganlarim asosida kichikroq doston yozdim. Safarim oxirlayotgan kunlari Baliqchi tumanida menga «Faxriy baliqchi» degan unvon berishdi. Bu yerda taomilga aylangan odat boʻyicha kaminaga 60-70 kilogramm keladigan baliq sovgʻa qildilar. Baliqning oʻziga xos xususiyati shunda ediki, ogʻirligining toʻrtdan bir qismini qora uvildiriq (ikra) tashkil etardi.

Mehmondoʻst ovul ahli meni to tayyoragohgacha kuzatib bordilar.

Samolyotga oʻtirdim. Baliqchi tumani partiya qoʻmitasining birinchi kotibi Oʻrinbosar Yerkinov ham samolyotga chiqib bordi va semiz jomadonni yonimga qoʻydida:
— Tushayotganingizda esingizdan chiqmasin, — dedi.
— Bu nima? — deb soʻradim hayron boʻlib.
— Boya sizga sovgʻa qilingan baliqning uvildirigʻi.

U paytlari oʻn besh-yigirma kilogramm uvildiriq rasmana boylik hisoblanardi.

Un kunlardan soʻng onam Chimkentga yoʻl oldi. Oradan biroz fursat oʻtib, xotinim xolodilnikni ochib qoldi: qora uvildiriq katta kosaning ostidagina qolgan edi, xolos.

—Yana hotamtoyliging tutib, birovga berib yuborgansan! — deb dashnom berdi xotinim.

—Qoʻysangchi, men xolodilnikka yaqin yoʻlaganim yoʻq-ku!

Uydagilar xiyla besaramjon boʻlib qoldilar.

Oradan ancha-muncha vaqt oʻtgach, qora uvildiriqning yoʻqolish siri fosh boʻldi. Bir kuni oqshom chogʻi ishdan qaytib kelayotsam, uyimizning oldida qoʻshnimiz — rus kampir kutib turgan ekan.

—Muxtor, senga katta rahmat! Voy, sovgʻangni olib shunaqayam suyundik, asti qoʻyaverasan! Axir, juda qimmat turadi. Biz nafaqaxoʻrlar unaqa narsalarni xarid qilolmaymiz. Agar tejab-tergab ishlatsak, yarim yilga bemalol yetadi.

Kampir yana hamd-sano oʻqiy boshladi.

Dastlab, gap nima haqda ekanini sira tushunmadim. Oxiri:
— Nimalar deyapsiz? — deb soʻradim.
— E-e, onangizdan berib yuborganingiz bir tovoq qora uvildiriq toʻgʻrisida gapiryapman-da!

Keyin bir hafta mobaynida boshqa qoʻshnilarimizdan ham minnatdorlik soʻzlarini eshitdim.

Ma’lum boʻlishicha, onam uvildiriqni qoʻshnilarimizga tovoqlab ulashib chiqqan ekan. Albatta, jon qoʻshnilarga koʻproq beribdi.

Onam safardan qaytib kelgach, endi oʻpkalay boshlagan edik, u kishi kulumsirab:
— Axir, qoʻshning tinch — sen tinch, deb bekorga aytmaydilar. Agar oʻz vaqtida ulashib bermaganimda bormi, baribir aynib qolardi, — dedi.

Onam shaharda biz bilan koʻp yillar yashagan boʻlsa-da, lekin aslo oʻz bilganidan qolmadi. Bu yerda begona odamga salom bermaydilar, hatto devordarmiyon qoʻshning boʻlsa ham, chaqirilmagan joyga mehmonga bormaydilar. Onam esa bularning hammasiga zid oʻlaroq, ovul urf-odatlariga amal qilardi: qoʻli ochiq edi, mehribon edi...

Chike, keling, endi ilgari boshlab qoʻyganimiz mavzuta qaytamiz. Shakar ovulida otangiz Toʻraqul Aytmatov nomida oʻrta maktab bor. Maktabga kiraverishda ajoyib yodgorlik turibdi. Uning muallifi — mamlakatingizda mashhur boʻlgan haykaltarosh Turgʻunboy Sodiqov. 30-yillardagi ziyolilarning fojiali taqdiri shu joyda ham mujassam. Otangiz Qirgʻizistonda atoqli davlat arbobi edi. U nohaq repressiyaga uchragan, qatl etilgan.

Aytmatov. Ha, mudhish davr edi. Otam Mogkvadagi Qizil Poofessorlar institutida oʻqigan. Oilamiz onam Nagima Xamzayevna bilan yotoqxonada yashardik. Men toʻrt farzand ichida eng kattasi — toʻqqiz yashar edim, kenja singlim Roza endi olti oylik boʻlgan edi.

1937 yilning avgust-sentabr oylarida «Pravda» gazetasida ikkita maqola e’lon qilindi: «Burjuy millatchilari» va «Qirgʻiziston VKP(b) Markaziy Qoʻmitasining siyosiy xatolari». Mana shu maqolalarning kasofati tufayli respublikamiz rahbarlari birin-ketin qora roʻyxatga tusha boshladilar. Koʻpchilik qatori otamning nomi ham tilga olingan edi. Boshida qora bulut quyuqlashayotganini bilgach, u onamga: «Bolalar bilan uyga qaytgin. Agar meni hibsga olishsa, «xalq dushmani»ning xotini sifatida senga ham tinchlik berishmaydi. Yetim boʻlib qolgan bolalarimizni bolalar uyiga joʻnatishadi. Ustiga ustak, familiyasini ham oʻzgartirib qoʻyishadi. Meni millatchilikda ayblashyapti. Bu qip-qizil boʻhton. Omon boʻlsam, oʻzim xat yozaman». Otam bizni Qozon vokzaliga kuzatib qoʻydi. Soʻng poyezdimizga ergashib, madori qurib qolguncha yugurib bordi va qoʻllarini silkitib xayrlashdi. Ehtimol, bizni oxirgi marta koʻrayotganini koʻnglidan oʻtkazgandir, aziz kishilaridan — bolalaridan, xotinidan bir umrga ajrashayotganini ich-ichidan sezgandir?!

Poyezdda yetti kechayu yetti kunduz yoʻl yurdik. Orenburg, Saratov, Qozogʻistonning bepoyon sahrolari ortimizda qoldi. Nihoyat, yarim kechasi Maymoq stansiyasida poyezddan tushdik. Atrofni zulmat qoplagan oʻsha tun, oʻsha qoʻrquv xotiramga bir umr muhrlanib qoldi. Ertasi kuni togʻam Suvonbekning aravasiga koʻch-koʻronimizni ortib, Shakardagi Alimqulning hovlisiga oʻlar holatda yetib oldik.

Moskva pochtasining blankasiga qistanib yozilgan otamning eng oxirgi maktubi hozirgacha saqlanib qolgan. Uning har bir jumlasidan hadik-xavotir sezilib turadi: «bugun boʻlmasa, ertaga hibsga oladilar». U onamga bolalarni koʻz qorachigiday avaylab-asragin deb, qayta-qayta tayinlagan, boz ustiga, mening vijdonim toza, hech qanday aybim yuq deb qasam ichgan edi. Afsuski, u paytlari bunaqa qasamlarning sariq chaqachalik qimmati yoʻq edi.

Otamni 1 dekabr kuni Moskvada hibsga oladilar va tez kunlarda Frunzega keltirishib, qamoqxonaga tiqadilar.

«Xalq dushmani»ning oilasi tamgʻasi bilan ovulimizga qaytib borganimizdan soʻng koʻpchilik bizdan oʻzini chetga tortdi. Oʻsha zamonlarda biz odamlardan xafa boʻlmasdik. Boz ustiga, bizga boshpana bergan qarindoshlarimizdan bagʻoyat minnatdor edik.

Repressiya qarindoshlarimizni ham chetlab oʻtmadi.

Bobomiz Aytmat bilan Birimqul tugʻishgan ogʻa-ini edilar. Birimqulning uchta oʻgʻli bor edi: Alimqul, Oʻzibek, Kerimbek. Alimqul mening otamdan bir necha yosh katta edi. U Shakar qishloq sovetining raisi lavozimida ishlardi. Xullas, Shakarga kelganimizga bir oy boʻlgach, Alimqulni ham «xalq dushmani»ning ogʻasi sifatida hibsga oldilar. Taqdir taqozosi bilan koʻpincha bir musibat ikkinchi musibatni ergashtirib keladi: Alimquldan soʻng uning militsioner boʻlib ishlaydigan ukasi Oʻzibek ham «xalq dushmani»ning qarindoshi sifatida qamoqxonaga ravona boʻldi.

Biz Moskvadan qaytib kelishimiz bilanoq otamning ukasi Risqulbekni pedagogika bilim yurtidan haydab yubordilar. U xolamiz Qoraqiz ejaning uyida yashay boshladi.

Kunlarning birida men bomdod mahali uygʻonib ketdim. Qarasam, Qoraqiz ejam bilan onam yum-yum yigʻlab oʻtirishibdi. Yigʻlayverib koʻzlari shishib ketgandi. Ma’lum boʻlishicha, yarim kechasi Risqulbekni ham qamoqqa olib ketishgan ekan. Shunday qilib, qisqa fursat ichida bizning urugʻ-aymogʻimiz toʻrt erkakdan mahrum boʻldi. Faqat xotinlaru bolalar qolishdi, xolos.

Shoxonov. Ha-a, u zamonlar toʻgʻrisidagi hikoyalarni eshitib oʻtirib, beixtiyor «xalq dushmani» fosh etilmagan birorta ham ovul qolmagan boʻlsa kerak, deb oʻylaysan. Ba’zi kishilarni mutlaqo kurakda turmaydigan boʻhton bilan hibsga olishib, shu boʻhton tufayli aybdor deb topishib, otib oʻldirganlar, qamoqxonaga tiqib qoʻyganlar yoki uzoq muddatga surgun qilganlar. Tanish adabiyotshunos, ijodingizni puxta tadqiq etgan mashhur akademik Rustan Rahmonaliyevning otasini qanday qilib hibsga olishganini bilasizmi?

Aytmatov. Yoʻq, bilmayman.

Shoxonov. Kimdir Rustanning otasiga chekishni taklif qiladi. U qoʻliga tutqazilgan gazeta parchasiga tamakini oʻraydi-da, huzur qilib tutun simiradi. Shu payt xuddi osmondan tushganday bitta notanish kimsa paydo boʻladiyu Rustanning otasidan chekayotgan tamakini toʻkib, oʻram qogʻoz parchasini koʻrsatishni talab etadi. Qogʻozni ochib qarashsa, yarim kuyib ketgan gazeta parchasida Stalin portreti boʻladi. Koʻryapsizmi, qanday qilib tuzoq qoʻyilardi?

Kechirasiz, boyagi hikoyani davom ettiravering.

Aytmatov. Shunday qilib, Alimqul qamoqda vafot etadi. Oʻzibek, dastlab, Oqtuzdagi qoʻrgʻoshin konida ishlayapman, deb xat yozib yuboradi. Urush yillarida undan xat-xabar kelmay qoʻydi. Butun boshli inson yoʻq boʻlib ketaverdi...

Ovul chegarasida ot mingan pochtalon koʻrinishi bilanoq biz koʻzimiz qinidan chiqquday bir alfozda unga termilardik: balki, otamizdan yoki uning ogʻa-inilaridan xat keltirgandir? Pochtalon oʻzini qoʻyarga joy topolmay qolardi. U shoshib-pishib, tezroq yonimizdan oʻtib ketishga harakat qilardi.

Bir gal Risqulbekdan xat keldi. Xat qirgʻiz tilida yozilgan edi. Shu sababdan senzura qilinmagan boʻlsa kerak.

Onam tovushini chiqarib xatni oʻqib berdi. Xatida u har birimizni soʻrab-surishtirgan, sogʻligimizdan xavotirlangan, ayniqsa, ogʻasi Toʻraqulning taqdiridan koʻp qaygʻurgan edi. Oʻzi toʻgʻrisida: «Bizni Manchjuriya chegarasiga yaqin joylarga temir yoʻl qurilishiga joʻnatdilar. Juda sovuq. Mening ikki buyragim ham shamollab qoldi. Bu yerda har bir kishiga norma berishadi. Agar normani bajarmasang, ovqatdan mahrum qiladilar. Ogʻir yuk koʻtarishim bilan buyraklarim sirqirab ogʻriy boshlaydi. Kasaldan va qornim toʻyib ovqat yemayotganimdan yarimjon boʻlib qoldim. Oʻzlaring ham bilib turibsizlar. Norasida bolalar kamayib boryapti... Agar qurbingiz yesa, menga yarim pud talqon joʻnatinglar. Shunda yana besh-olti oy yashashim mumkin...», deb yozgan edi.

Risqulbekning ogʻir ahvoli yurak-bagʻrimizni qon qilib yubordi. Onam bilan Qoraqiz ammam toʻxtovsiz bugʻdoy qovurib, talqon hozirlashga kirishdilar. Tong otar-otmas onam talqon solingan qopni yelkasiga ortib, rayon markazidagi pochtaxonaga yoʻl oldi...

Risqulbek qarindoshlari joʻnatgan oʻsha talqonni olgan-olmagani noma’lum. Bizga hech qanday javob kelmadi. Shu tariqa, musofir yurtlarda yoʻq boʻlib ketdi.

Biz Shakarda otamning singlisi Qoraqiz ejam bilan uning eri — Doʻstali jezdamizning uyida yashayverdik. Ularning ikki xonadan iborat uylari katta ariq yoqasida joylashgan edi. Bir xonada ular yashardi, ikkinchi xonada biz yashardik. Doʻstali jezdam mehribon, qoʻli ochiq inson edi. Boz ustiga, u tugʻma ovchi edi. Otni egarlab, yelkasiga miltigʻini tashlab, ikkita tozi itini ergashtirib toqqa ovga ketardi. Uyiga ayiq, boʻri, silovsin terilari osib qoʻyilgan edi. Agar ov baroridan kelgan boʻlsa, Qoraqiz ammamdan boshlab hammamizni nomma-nom chaqirib kelaverardi.

U ham bolaligimdan qolgan yorqin xotiralarimdan biridir.

Shoxonov. Xeminguyey: «Buyuk yozuvchi boʻlish uchun iste’dod, bilim kerak va baxsiz bolalikni boshdan kechirish lozim», degan edi. Ajabki, bolalik paytingizda Siz yozuvchi boʻlishni orzu qilmagansiz. Siz mashina haydashni orzu qilardingiz. Yanglishmasam, bu haqda «Leninchil jash» gazetasining muxbiri Rayqon Shukurbekovga (u keyinchalik taniqli yozuvchi, dramaturg boʻlib ketdi) gapirib bergan ekansiz. Oʻsha suhbat 1935 yilning 5 iyun kuni gazetada e’lon qilinadi. Eski gazetani Sharshen Usubaliyev Toshkentdagi arxividan topib beradi. Abdullajon Akmataliyev esa uni oʻz kitobida e’lon qiladi.

Oʻsha suhbatning bir parchasi quyidagicha ekan:

«Chingiz bu yil yetti yoshga toʻldi.

U oʻzining yosh doʻstlari orasida doim ozodaligi va tirishqoqligi bilan ajralib turadi. Uyida mustaqil mutolaa qiladi, yolgʻiz oʻzi oʻynab yuradi. Oʻzini oʻzi eplaydi. Biz Chingiz bilan bir soatdan moʻlroq suhbatlashdik. U emin-erkin gaplashadi, tutilmasdan javob qaytaradi.
— Kim boʻlmoqchisan?
— Shofyor boʻlmoqchiman.
— Otang qayerda?
— Moskvada.
— U yerda nima qilyapti?
— Oʻqiyapti. Xonamdagi bolalar burchagini otam tuzib bergan. Otam bilan onam menga doim ta’lim-tarbiya berishadi. Men ularning gaplaridan chiqmayman.

Katta boʻlsam, shofyor boʻlishga oʻzim qaror qildim.
— Qanaqa oʻyinchoqlaring bor?
— Hamma oʻyinchogʻim bor. Faqat bitta mashina yetmay turibdi. Otam olib beraman deb, va’da bergan. Tez kunlarda olib beradi».

Bu suhbat «Chingiz shofyor boʻlmoqchi» degan sarlavha ostida e’lon qilinadi. Muallif oʻz nomidan: «Shak-shubha yoʻqki, Chingizning shofyor boʻlish borasidagi orzusi albatta roʻyobga chiqadi», deb ilova qilgan ekan. U paytlari avtomobil chambaragini ushlashni orzu qilgan bolakay dunyoga mashhur yozuvchi boʻlib ketishini muxbir bilmasdi.

Aytmatov. U zamonlarda mashina juda kam edi. Biz shirin xayolimizda mashina haydab yurardik. Faqat oʻzim emas, barcha tengqurlarim shofyor boʻlishni orzu qilardilar.

Otam qamoqqa olingach, ovulimizda uning nomini aytishdan qoʻrqishardi. Faqat onam bilan Qoraqiz ejamgina otam toʻgʻrisidagi yorqin xotiralarni bolalar qalbiga muhrlashdan aslo choʻchimadilar. Yolgʻiz qolgan paytlarimizda onam yashirincha otamning suratlarini, hujjatlarini, nishonlarini koʻrsatardi. Hammasidan ham otamning familiyasi yozilgan shtamp bizni koʻproq hayratga solardi. Shtampga siyoh surtib, uni qogʻozga bosib koʻrsak lotin imlosida yozilgan «Aytmatov T.» paydo boʻlardi.

Qoraqiz ejam savodsiz boʻlsa-da, lekin donishmand ayol edi. U bir umr otam xotirasini muqaddas saqladi. 1964 yili ogʻir kasallikdan soʻng vafot etdi. Oʻlimi arafasida bizni huzuriga chorlab:
— Men toʻrtovingdan ham roziman. Eh, otalaring yoshlik paytida qurbon boʻlib ketdi! Agar u yuksak martaba egasi boʻlmaganda, koʻp qatori ovulda yashab yurganda bormi, tirik qolardi, — dediyu yigʻlab yubordi.

Dastlab, rasmiy idoradan bizga yolgʻon ma’lumotnoma joʻnatishdi: «10 yil muddat bilan qamaldi, xat yozish huquqidan mahrum etildi». Bizni intizor etib qoʻygan soʻngsiz yillar boshlandi. Har bir kunni sanab yurardik, yoʻllardan koʻzimizni uzmasdik, umid bilan yashardik.

Bir marta otam toʻgʻrisida boʻlayotgan oshkora suhbatning guvohi boʻlganman. Uyimizga oʻgʻlining qoʻlidan ushlab yuradigan bitta koʻr odam tashrif buyurdi. Esimda, onamga shunday degan edi:
— Meni ham Toʻraqul bilan birga qamoqqa olishdi. Biz bitta kamerada oʻtirdik. Dunyoda bor azob-uqubatlarni boshimizdan kechirdik. Koʻr boʻlib qolganimdan soʻng meni ozod qilib yuborishdi. Toʻraqul tirik. Baribir adolat tantana qiladi, umidingni uzmagin, Nagima.

Onam NKVD idorasiga xat ketidan xat joʻnataverdi, lekin biror tayinli javob ololmadi. Umid bilan un yil ham oʻtdi.

Shoxonov. Yaqinda biz singlingiz Roza xonim bilan juda uzoq chin dildan suhbatlashdik. U kishi quyidagilarni gapirib berdi:

«Chingiz institutda «a’lo»ga oʻqirdi. Uni aspiranturaga qoldirishmoqchi edi. Lekin, birdan ustidan xat tushadi: «xalq dushmani»ning oʻgʻli nima uchun Stalin stipendiyasi olyapti?» Shunday qilib, u stipendiyadan ham, aspiranturadan ham mahrum boʻldi. Biroq, aslo taslim boʻlmadi: dam olish kunlari temir yoʻlga borib, hammollik qildi — vagonlardan koʻmir, oʻtin tushiradi. Choychaqa ishlab kelardi. Halol peshona teri bilan ishlab topgan pullarini sarflamasdan yigʻib qoʻyardi; yozda ovulga ta’tilga kelgach, hammamizga ust-bosh xarid qilib berardi. Esimda, menga yoqasi uzun, issiq palto olib bergan edi. Qanchalar quvonganimni soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi. Umrimda birinchi marta bunaqa qimmat kiyim kiygan edim-da! Moskvada oʻqiydigan Ilgizga esa oʻzining qayta bichilib, qayta tikilgan paltosini posilkada yuboradi. Oʻsha paltoning yon tomonlarida, koʻkraklarida choʻntaklari koʻp edi. Chingiz paltoning har bir choʻntagiga besh soʻmdan pul solib qoʻyadi. Nazarimda, kambagʻal talaba har bir choʻntakka qoʻlini tiqishi bilan pulga duch kelib, juda suyunib ketadi, deb oʻylagan boʻlsa kerak...

1957 yilda NKVD idorasidan bizga chaqiriq qogʻozi keldi: «T. Aytmatov toʻgʻrisidagi soʻrovnomangizga javob olish uchun NKVDga kelishingiz lozim».

Onamning nechogʻlik hayajonlanganini bir koʻrsangiz edi! Boyaqish oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi, yuragi hapriqib ketdi. Aksiga olgandek, Chingiz oʻsha kunlari isitmasi koʻtarilib, koʻrpa-toʻshak qilib yotgandi. Onam bechora uning tevaragida girgitton boʻlardi. U onam bilan birga bormoqchi boʻlib oʻrnidan turdiyu oyoqlari chalishib, yiqildi. Qisqasi, biz onam ikkovimiz chaqirilgan joyga joʻnadik.

— Otang Sibirda boʻlsa kerak, — dedi onam. — Hozir koʻpchilik oʻsha tomonlardan qaytib kelishyapti. Agar Toʻraqul katta boʻlib qolganlaringni koʻrsa, bechora nihoyatda suyunib ketadi. Chingiz bilan Ilgiz oyoqqa turib olishdi, oila qurishdi. Lyutsiya ikkovingiz koʻrkamgina qiz boʻlib qoldilaring, Otang qanaqa boʻlib qoldi ekan? Qamoqqa olingan payt 34 yashar edi. Bu yil roppa-rosa ellik beshga toʻldi. Biz yigirma bir yil diydorlashmadik. Yigirma bir yil-a! Aytishga oson. Hammasiga chidadik. Mayli, ishqilib, otang sogʻ-salomat boʻlsa bas. Eshitishimcha, Sibirga surgun qilingan kishilarning koʻpchiligi oʻsha yerda uylanib olishgan emish... Ehtimol, u ham shunday qilgandir. Axir, bir iloj qilib yashash ham kerak-da! Faqat salomat boʻlsa bas. Xudoyim-ey, a’zoyi badanim qaltirab ketyapti. Ishqilib, uchrashuv payti yuragim quvonchdan yorilib ketmasa koshkiydi...

Onamning soʻzlarini eshityapmanu koʻzlarimdan yoshlar quyilyapti. Xudoyim, onaginam naqadar bagʻri keng ayol edi! Mayli, uylangan boʻlsa ham sogʻ-salomat yurgan boʻlsa bas, deydi. Haqiqiy muhabbat shunday boʻlsa kerak: oʻziga hech narsani tilamaydi, hammasi jufti halolimga boʻlsin, deydi.

Toʻgʻrisini aytganda, onam koʻzga yaqin, koʻhlikkina ayol edi. Dunyoqarashi, aql-idroki bilan ovuldoshlaridan bir bosh baland edi. Yashirib nima qildim, koʻpgina erkaklardan unga sovchilar keldi. Lekin, u Toʻraquldan goʻzalroq, Toʻraquldan boyroq, Toʻraquldan aqlliroq erkak borligini hatto tasavvuriga sigʻdira olmasdi. Onam bir umr oʻzi koʻngil bergan erkakni kutib yashadi, unga sajda qilib yashadi, uning har bir savobli ishini eslab yashadi. Ustiga ustak, ana shu olijanob tuygʻularni bizning yuragimizga ham quyib qoʻydi. Shu yoʻsin onam oʻzini nihoyatda baxtiyor inson deb bilardi...

Nihoyat, biz NKVD idorasiga yetib bordik. Kiraverishda avtomat ushlagan askar turgan ekan. Onam unga chaqiriq qogʻozini uzatdi.
— Siz kiravering, — deb askar onamga yoʻl boʻshatdi.

Meni ichkariga kiritmadi.

Onam ichkaridan oyoqlarini arang sudrab chiqib kelguncha oradan ancha fursat oʻtdi. Onamga koʻzim tushdiyu yuragimda qattiq ogʻriq turdi. Uning koʻzlaridan duv-duv yoshlar oqardi. Lablari titrardi. Darhol onamning qoʻltigʻidan oldim. Bir ogʻiz soʻz aytishga ham madori yetmasdan, bir varaq qogʻozni menga uzatdi. Qogʻozda quyidagi soʻzlar yozilgan edi:

SPRAVKA

1937 yil 1 dekabr kuni qamoqqa olinganga qadar Qizil Professorlar institutining tinglovchisi boʻlgan Toʻraqul Aytmatovning aybnomasi SSSR Oliy sudining Harbiy Hay’ati tomonidan 1957 yilning 15 iyun kuni qayta kurib chiqildi.

T. Aytmatovga nisbatan 1938 yilning 5 noyabr kuni Harbiy Hay’at tomonidan chiqarilgan hukm yangi ochilgan shart-sharoit tufayli bekor qilinadi va bu ish jinoyat tarkibi boʻlmagani uchun toʻxtatiladi.

T. Aytmatov oʻlimidan keyin oqlandi.

SSSR Oliy sudi Harbiy Hay’at raisining yordamchisi,

adliya polkovnigi M. Rusakov.

Shumxabar keltirgan mana shu la’nati qogʻoz bizning yigirma bir yillik umidimizni chilparchin qilgan edi. Bir pasda hammasi abas boʻldi. Onam ikkovimiz xuddi qirgʻoqqa itqitib tashlangan baliq kabi hansirab-hansirab zoʻrgʻa nafas olardik; bir-birimizga suyanganimizcha koʻcha boʻylab ketib borardik. Dunyo huvillab qoldi, barcha orzu-umidlarimiz havoga uchib ketdi. Onam bechora birdan oʻzgardi; oʻzini oldirib, rangpar boʻlib qoldi, yelkalari bukchaydi. Voy xudoyim-ey! Uzoq yillar mobaynida u bitta ilinj bilan yashadi: bugun boʻlmasa, ertaga Toʻraqul albatta qaytib keladi. Bu ilinj unga kuch-quvvat bagʻishlardi, har qanday qiyinchiliklarni yengib oʻtishiga yordam berardi. Bechora onaginam ne-ne mushkulotni boshidan kechirdi!..

Koʻchada ketayotib, dunyoni boshimga koʻtarib hoʻng-hoʻng yigʻlagim kelardi. «Adolat bormi?!» deb qichqirgim kelardi. Oilamiz sha’niga yopishtirilgan la’nat tamgʻasini yulib otishni istardim, bunday taqdirga la’natlar oʻqimoqchi boʻlardim. Biroq, bunday qilsam onamning yarasiga tuz separdim, xolos. Oyoqlarini zoʻrgʻa sudrab kelayotgan onam hurmati dardimni ichimga yutdim. Bir-birimizga suyanishib, uyga yaqinlashib bordik-da, koʻzyoshlarimizni tiya olmasdan ostonada serrayib turaverdik.

— Qizim, endi boʻlar ish boʻldi, — dedi onam biroz oʻziga kelgach. — Otangni oʻlimi toʻgʻrisida hozir Chingizga indamay qoʻya qolaylik. Mavridi emas, butunlay yotib qoladi, keyin tuzalib ketishi qiyin boʻladi...

Oradan bir necha kun oʻtgach, ovuldan boʻxchasiyu jomadonini orqalab Qoraqiz ammam yetib keldi. Chingiz oyoqqa turgan, onam u kishini chaqirtirgan edi.

Onam yotigʻi bilan ammamga ogʻasining vafot etganini aytdi. Bu xabarni eshitib bechoraning yuragi yorilib ketishiga bir bahya qoldi. Suyukli ogʻasining oʻlimi ammamni oʻrtab yubordi: uzoq yillik dard-sitam boʻgʻzidan vulqonday otilib yetdi. U har birimizni bagʻriga bosib, sannab-sannab rosa yigʻladi. Qaniydi, hammaning shunaqa ammasi boʻlsa!

Keyin Aytmatovlar urugʻi jam boʻlib, nohaq qurbon boʻlgan marhumlar ruhiga duoi fotiha qilish niyatida Shakarga yoʻl oldik. Kerimbekning uyiga ovuldoshlarimizni toʻplab, adolatsizlik tufayli nobud boʻlgan Toʻraqul, Alimqul, Oʻzibek, Risqulbeklar xotirasiga bagʻishlab ma’raka qildik.

Lekin, onam bechora otamning oʻlganiga aslo ishonmasdi. Bu haqda roʻy-rost gapirmasa-da, soʻnggi damlarigacha bitta ilinj bilan yashadi: balki, u tiriqdir? Bunday ilinjning sababi bor edi. Ulugʻ Vatan urushi yillarida Kavkazdan Shakarga koʻchib keltirilgan odamlar orasida Ayvazidi ismli grek folbin ayol boʻlardi. U qahva quyqumiga qarab fol ochardi. Ovulimizda Ayvazidining hamma gaplari toʻgʻri chiqyapti degan mish-mish tarqaldiyu onam ham folbin huzuriga otlandi.

— Ering qamoqda. Toʻrtta farzanding bor. Juda ogʻir hayot kechiryapsan. Bor kuchingni sarflayapsan. Sizlar bu yerda yana oʻn yil yashaysizlar. Toʻngʻich oʻgʻling seni shaharga olib ketadi. Oʻgʻlingning shuhrati butun dunyoga taraladi, — deb gapini tugatadi folbin.
— Erim-chi? Tirikmi, qachon qaytib keladi? — deb soʻraydi onam.
— Ering juda olislarda yuribdi. Sen u bilan koʻp yillardan soʻng uchrashasan, — deb javob beradi folbin.

Ravshanki, folbin ayol otamning oʻlganini bilsa-da, ammo onamni noumid qilmaslik uchun toʻgʻri gapni aytmagan. «Sen u bilan koʻp yillardan soʻng uchrashasan» degan soʻzlari esa, sir emaski, narigi dunyodagi uchrashuvga ishora edi».

Aytmatov. Nima boʻlganda ham folbin odamgarchilik yuzasidan toʻgʻri qilgan.

Shoxonov. Qozoqlarning Oqmula shahri yaqinida «Aljir» (Akmolinskiy lager jen izmennikov rodinm) deb nomlangan maxsus qamoqxona boʻlardi. Bu qamoqxonada qozoq xalqining Turor Risqulov, Saken Sayfulin, Beymbet Maylin, Temirbek Jurgenov, Uzoqboy Qulimbetov, Sultonbek Qojonov, Janaydar Sadibaqosov kabi yirik davlat va partiya rahbarlarining, adabiyot va san’at arboblarining xotinlari tutqunliqda saqlanardi. Bu jahannam Oqmuladan 40-45 kilometr narida boʻlib, 26 ta maxsus boʻlmalardan iborat edi. Sovet Ittifoqining turli burchaklaridan toʻplab keltirilgan «vatan xoinlari»ning xotinlaridan talab qilinadigan birlamchi narsa shu ediki, ular erlarining xoinligiga iqror boʻlishlari va erlaridan voz kechish toʻgʻrisidagi hujjatga imzo chekishlari kerak edi. Shundan keyin ayollar gunohi yengillashtirilardi. U paytlarda NKVD idorasidagi qotillarning qilmishi aslo nazorat qilinmasdi, ota-onalari bagʻridan yulib olingan farzandlar bepoyon mamlakatning bolalar uylariga tarqatib yuborilardi, butun boshli urugʻ-aymoqlar qirib tashlanardi. Lekin, ana shunday mudhish zamonda ham Saken Sayfulin, Ilyos Jonsugʻurovlarning umr yoʻldoshlari ulugʻ ustozlarimizning qoʻlyozmalarini yerlarga koʻmib, yastiq jildlari orasiga yashirib, koʻz qorachigʻiday asrab kelajak avlodga yetkazganlar. Bu haqiqiy jasorat edi.

Gʻabit Musrepov bir gal «Aljir»ga borganini va u yerda Beymbet Maylinning xotini bilan uchrashganini gapirib bergan edi.

Oʻsha ayol Gʻabit Musrepovga bunday degan ekan:
— Qamoqxonaga qarashli qoʻy podani oʻz ixtiyorim bilan boqishga rozi boʻldim. Tongdan shomgacha toʻrt devor orasida xun boʻlib oʻtirgandan koʻra, ochiq havoda oʻkrab-oʻkrab yigʻlab olganing afzal. Xiyla yengil tortasan.

U paytlari «Aljir»da «vatan xoinlari»ning yigirma ikki mingga yaqin xotinlari qon yutib yashardilar. Agar onangiz ovuldan boshpana topmaganda bormi, u ham oʻsha jahannamga uloqtirib yuborilishi hech gap emasdi.

Aytmatov. Ha, shunaqa boʻlishi ham mumkin edi.

Maktabda oʻqib yurgan kezlarim bitta mehribon muallim bunday degan edi: «Otangning nomi tilga olingan paytda hech qachon koʻzlaringni yashirmagin». Bu oqilona nasihat ogʻir damlarda menga madadkor boʻldi, xotiramga bir umr muhrlanib qoldi. Oʻsha soʻzlardan: «Otang xalq dushmani emas» degan ma’noni anglash mumkin edi. Bolalik qalbimni ana shu soʻzlar ilitib turardi.

Shoxonov. Keling, singlingiz Roza xonimning hikoyalarini yana bir bor eslaylik:

«1975 yil. Men ish yuzasidan Talasga bordim. Bitta notanish ayol men bilan iliqqina koʻrishdi-da:
— Siz Chingiz Aytmatovning singlisi boʻlasizmi? — deb soʻradi

—Ha.
— Sizning kelayotganingizni tanishlarimdan tasodifan eshitib qoldim. Juda yaxshi boʻldi. Yoʻqsa, Sizni izlab oʻzim Frunzega bormoqchi boʻlib turgan edim.

Sovet Ittifoqining hamma burchaklaridan, butun dunyodan Chingizga son-sanoqsiz xatlar yogʻilib kelardi. Xatlarning aksariyati uy-joy ololmayotgan odamlarning shikoyatlari, mahalliy hokimiyatning oʻzboshimchaligidan himoya qilish va qimmatbaho xorijiy dori-darmon xarid etishga koʻmak berish soʻralar edi. Chingiz bolaligidan e’tiboran juda koʻp adolatsizliklarga duch kelgani uchunmi, xatlarni sinchiklab oʻqib chiqar, sira vaqtini ayamas, agar iloji boʻlsa, xat mualliflariga yordam berar edi. Uzoq-yaqindan keladigan bunday odamlar qulay fursat topib, menga ham tez-tez murojaat etib turishardi: «Iltimos, mana shu xatni ogʻangizga berib qoʻying! Sovet Ittifoqida uning gapini ikki qiladigan hech kim yuq». Ogʻamning boshqa tashvishlari ham boshidan oshib-toshib yotganini yaxshi bilganim uchun koʻpincha ataylab iltimoschilardan oʻzimni olib qochib yurardim. Oʻsha notanish ayolni uchratgan paytimda, dastlab, uni ham iltimoschilardan biri boʻlsa kerak deb oʻyladim.

— Yoʻq-yoʻq, — deb meni xotirjam qilishga urindi u. — Sizni izlab yurganimga sabab shuki, otangiz Toʻraqulga aloqador gapim bor. Mening ogʻam qamoqda otangiz bilan bitta kamerada oʻtirgan.

U otamning nomini tilga olgan paytda men xuddi tok urganday seskanib ketdim,

—Ogʻangiz qayerda? Tirikmi? — deb soʻradim shosha-pisha.

—Tirik. Lekin, hozir u ogʻir betob. Kasalxonada yotibdi. Doʻxtirlar, ogʻangizning sanokli kunlari qolgan, deyishyapti. Agar iloji boʻlsa, u ogʻangiz Chingiz bilan uchrashmoqchi. Ammo, gazetada yozishlaricha, u hozir Amerikada ekan. Shu bois men sizni izlab yurgan edim.

Men oʻsha ayol bilan kasalxonaga joʻnadim. Aynan bemorlar dam olayotgan paytlarda boribmiz. Notanish ayol hamshiradan ruxsat soʻrab, ogʻasining qoʻltigʻidan suyab yoʻlakka olib chiqdi. Uning ismi Tangriberdi Alapayev ekan. Bu kishi sabr-toqatli, bosiq-vazmin ekani aftidan shundoq bilinib turardi. Lekin, ogʻir xastalikdan soʻng choʻpday ozib-toʻzib ketgandi, madori qurib qolgandi, yelkasi bilan nafas olardi. Hol-ahvol soʻrashganimizdan keyin u menga boshdan-oyoq sinchiklab razm soldi va birdan tovushini chiqarmasdan yigʻlab yubordi.

— Toʻraqulga xuddi quyib qoʻyganday oʻxshar ekansan. Endi oʻlsam ham armonim qolmadi. Menga xudoning rahmi keldi, — dedi hiq-hiq yigʻlab. Birpas nafasini rostlab olgach, hikoyasini davom ettirdi: —U paytlari komsomol tashkilotida ishlardim. Ogʻam Uzoqboy «Oqjar» kolxozi boshqaruvining raisi edi. Boshini koʻtargan odam darhol «xalq dushmani» deb e’lon qilinardi. Dastlab, ogʻamning navbati keldi, oradan birmuncha vaqt oʻtgach, oʻzimni ham qamoqqa olishdi. «Ogʻang vatan xoini. U kimlar bilan til biriktirgan edi? Qanday zararkunandalik ishlari bilan mashgʻul boʻlgan? Qay yoʻsinda tashviqot yuritgan? Qani, gapir!» deb tergov qilishardi. Bunday hodisa yetti uxlab tushimga ham kirmagandi. Boz ustiga, tergov payti shafqatsizlik bilan kaltaklashardi. Mening oʻjarligim tutdi, miq etmadim. Bir kuni toqati toq boʻlgan tergovchi miltiq qoʻndogʻi bilan basharamga tushirdi. Oʻshanda bir nechta tishim toʻkilib ketdi. Oʻzim behush boʻlib yiqildim... Kamerada tsement polda yotgan chogʻim hushimga keldim. Koʻzimni ochsam, atrofimda ochlikdan sillasi qurigan, soqol-moʻylovlari oʻsib ketgan, yuz-koʻzlari momataloq besh-olti kishi bor ekan. Burchakda bittagina temir karavot turibdi. Yonimda choʻnqayib oʻtirgan istarasi issiq bir yigit yuzimdan oqayotgan qonlarni artardi. «Chirogʻim, tur oʻrningdan, mening joyimga borib yot», dedi u. Soʻng qoʻltigʻimdan olib, oʻz joyiga eltib yotqizdi. Oʻsha yagona temir karavotda barcha tutqinlar navbat boʻyicha dam olishardi. Men borgan kun uning navbati kelgan ekan. Suyaqdan oʻtib ketadigan tsement sovugʻidan, hech boʻlmasa, bir kun saqlanish mumkin edi. Hech kim e’tiroz bildirmadi. Hammaning ruhi tushib ketgan edi, goʻyo bir-biri bilan gaplashishga ham qoʻrqishardi. Ertasi kuni biz yaqinroq tanishdik. Uning ismi Turaqul Aytmatov ekan. Mening Talasdan ekanimni eshitib, juda suyundi. Oradan bir necha kun oʻtgach, biz ogʻa-inilarday qalin boʻlib qoldik. Nima uchun bu joyga kelib qolganimni obdon soʻrab-surishtirgach, bunday maslahat berdi: «Hech qanday jinoyat qilmagansan. Hali yoshsan. Faqat ogʻangning ishi uchun seni tutib turishibdi. Hushyor boʻlgin, tergovchilarning tuzogʻiga ilinib qolma. Hech kimni sotmagin. Mahkam boʻl, soʻzingdan qaytma. Oxir oqibat seni ozod etib yuborishadi. Biz — boshqa masala. Bizni otib tashlashlari mumkin», dedi bosiq ohangda. Qamoqdagi nam tortgan yostiq jildidan Toʻraqul bejirim xalta yasadi. Xaltaning ichiga qora ip bilan oʻgʻillarining ismini tikib-yozdi: «Chingiz, Ilgiz». Yoniga esa men tugʻilgan yurt nomini yozdi: «Talas». Biroq, «s» harfiga qolganda ip tugab, soʻz kemtik holida qolib ketdi. U ta’lim koʻrgan, madaniyatli, halol inson edi. "Har bir soʻzidan, mayda-chuyda harakatlaridan va sirtdan ham shu xislatlari koʻzga tashlanib turardi. Sovun, taroq, tish choʻtkalarini top-toza lattaga oʻrab, oʻsha qadrdon xaltasida saqlardi. Bir kecha boshqalar eshitmaydigan tovushda qulogʻimga asta shivirladi: «Menga 58-moddani yopishtirishyapti. Xalq dushmani sifatida xat yozish huquqidan mahrum etishdi. Sendan bir narsani iltimos qilmoqchiman. Birinchi va, ehtimolki, oxirgi iltimosim ham shu boʻlar. Agar bu yerdan qutilib chiqsang, Shakarda oilamni qidirib topgin. Xalq dushmani emasligimni ular bilib qoʻyishsin. Men boʻhtonga qoldim. Toʻngʻich oʻgʻlim Chingiz juda koʻngilchan, kuyunchak bola. Dunyoda bunday adolatsizlik borligini hali bilmaydi. Moskvada yashab turgan paytimiz bir kuni koʻchada mushtumlari kuvaldadek keladigan bitta barzangi sharti ketib, parti qolgan cholni ayovsiz doʻpposlayotganini koʻrib qoladi. Chingiz oʻqday uchib uyga keldiyu oʻkirib yigʻlagancha: «Axir, bu dahshat-ku! Azob-ku!» dedi qayta-qayta. Qisqasi, u bilan ochiqchasiga gaplashib qoʻygin. Iltimos, uning koʻzini ochgin, hayotda uchraydigan mushkulotga tayyor boʻlib tursin. Bir daqiqa ham shubha qilmasin: men xalq dushmani emasman. Shunga ishontir uni. Chingizga tushuntirginki, agar men qaytib bormasam, u oilamizning kattasi boʻlib qoladi. Ismlar yozilgan xaltachani esa ularga mendan esdalik sifatida topshirasan. Endi hozir aytadigan gaplarimni quloqlaringga quyib ol: agar meni otuvga hukm qilishmasa, Moldovanovka qamoqxonasiga oʻtkazib yuborishsa, militsioner orqali xaltachamda turgan sovunimni soʻrataman; agar Sibirga surgun qilishsa, tarogʻimni soʻrataman; agar tish yuvadigan choʻtkamni soʻratsam, bilginki, meni bosqichma-bosqich Urolga joʻnatishmoqchi. Nachora, chirogʻim, alvido! Bu dunyoda qayta uchrashmasak, narigi dunyoda koʻrishamiz». Koʻzlarim yoshlanib, uning barcha iltimoslarini ado etishga soʻz berdim. Keyin Toʻraqulni olib ketishdi. Ikki kundan soʻng kameraga soqchi kirib keddi-da: «Aytmatovning buyumlari qolganmi?» deb soʻradi. Yuragim yomon bir narsa boʻlganini sezdiyu: «Toʻraqulga nima boʻldi?» deb soʻradim. U barmogʻini shiftga niqtab: «Hozir uning joni jannatga tomon uchib ke-tayotgan boʻlsa kerak», dedi miyigʻida kulib. Tizzalarim oʻz-oʻzidan bukilib ketdi. Hushim boshimdan uch-diyu bir iloj qilib, Toʻraqulning fufaykasi bilan telpagini soqchiga berib yubordim. Ismlar yozilgan xaltachani, taroqni yashirib qoʻydim. Ularni farzandlariga esdalik sifatida topshirmoqchi edim.

Bir necha kundan soʻng «Vatan xoini oilasining a’zosi» sifatida meni oʻn yil muddatga qamoq jazosiga hukm qildilar va bosqichma-bosqich Sverdlovsk qamoqxonasiga joʻnatdilar. Mana, tepamda xudo shohid, ariston telogreykasining ichki choʻntagida Toʻraqul oʻz qoʻli bilan tikib, oʻgʻillarining ismini yozib qoʻygan oʻsha aziz xaltachani oʻn yil mobaynida koʻz qorachigʻiday asradim. Taroqni ham asrab yurdim. Ularni oʻz qoʻlim bilan toʻngich oʻgʻlining shaxsan oʻziga topshirmoqchi edim. Kelishgan yigirma yashar Chingizni koʻz oldimga keltirib koʻrardim: u ham Toʻraqulning quyib qoʻygan nusxasiga oʻxshardi. Lekin, odamning boshi — tegirmon toshi, deganlari rost ekan. Peshonamga boshqa koʻrguliklar ham yozilgan ekan: oʻn yildan soʻng otayurtimga qaytib ketishimga ruxsat berishmadi. Jazo muddatimni yana uzaytirib qoʻyishdi. Sibirning ovloq joylariga surgun qilib yuborishdi. Hartugul, u yer qamoqxonadan farq qilardi. Erkim cheklab qoʻyilgan oʻlka hududida bemalol yurishim, ishlashim mumkin edi. Bitta tatar qizga uylandim, oila qurdim. Otayurtimga qaytib borishdan umidimni uzganim uchunmi, ehtimol, alam ustida qoʻlbola aroq ichib qoʻyganim uchunmi, ishqilib shayton yoʻldan ozdiribdi shekilli, egnimdagi eski paxtaligimni daryoga uloqtirib yubordim. Uning ichki choʻntagida Toʻraquldan qolgan buyumlar bor edi. Bu qilmishimni xudo ham, otangning arvohi ham kechirmaydi. Bu gaplarni bekorga aytayotganim yoʻq: aynan oʻsha kuni otxonada bitta otni taqalayotgan edim, u och biqinimga shunaqayam oʻxshatib tepdiki, oʻsha joyning oʻzida til tortmay oʻlishimga ozgina qoldi. Ikkita qovurgʻam sindi, oʻpkamning yarmi ezildi. Shunday qilib, bir pasda yarimjon boʻlib qoldim. Oʻshandan buyon oylab, yillab kasalxonada yotaman, uyda ham toʻshakdan turmayman. Endi boʻlsa, ostonada ajalim kutib turibdi.

Nihoyat, otayurtimga qaytishimga ruxsat berishdi. Buning uchun Xrushchyovga mingming rahmat! Darhol ish joyim bilan hisob-kitob qildim, xotinimni qavatimga olib qadrdon Talas tomon otlandim. Qarindosh urugʻlarim bilan koʻrishdim, yuragimni urtab yurgan koʻp yillik sogʻinch andak tarqalganday boʻldi. Hamqishloqlarimdan Toʻraqulning oilasini soʻradim. Ular Frunzega koʻchib ketishgan, dedilar. Anavi voqea ich-etimni kemira boshladi. Boz ustiga, dardim battar ogʻirlashdi. Hatto nafas olish ham azobga aylandi. Uzoq vaqt oʻzim bilan oʻzim ovora boʻlib qoldim. Oʻshandan beri koʻp suvlar oqib ketdi.

Qattiq ishonardimki, bir kun kelib xotiram chaqmoq misoli yorishadi. Oʻsha paytlari yana eski kasalim qoʻzgʻab bemorxonada yotgan edim. Yonginamdagi karavotda yotgan yigitcha kecha kunduz bitta qalin kitobni tinimsiz mutolaa qilardi. Bir kuni u dori-darmon uchun xonadan chiqib ketdi. Men uning kitobini qoʻlimga oldim. E voh, bu Chingiz Aytmatovning «Materinskoye pole» nomli toʻplami ekan. Kitobning birinchi varagʻini ochdim:

«Ota, men seni qayerga dafn etilganingni bilmayman. Bu kitobimni senga — Toʻraqul Aytmatovga bagʻishlayman. Ona, sen bizni — toʻrt farzandingni voyaga yetkazding. Bu kitobimni senga — Nagima Aytmatovaga bagʻishlayman».

Marvarid marjoni kabi jumlalar terilib turardi.

Muqovada Chingizning jiddiy qiyofali suratiga koʻzim tushdiyu xayolimda Toʻraqulning siymosi gavdalandi. Frunze qamoqxonasining beton zindonida tortgan azob-uqubatlar, merosxoʻrlarning ismlari yozilgan xaltacha, gadoy topmas Sibir taygasi va marhumning soʻnggi iltimoslari yodimga tushdi.
— Axir, bu Toʻraqulning oʻgʻliku! Voy jigarim-ey!— deb qichqirib yuborganimni oʻzim ham bilmay qoldim.

Yashirib nima qiddim, oʻsha damda vijdonim qiynalib ketdi. Xuddi sovuq badanimga choʻgʻ boʻlib turgan temirni bosib olganday his etdim. Axir, men bitta insonning soʻnggi vasiyatlarini bajo keltirmagan edim. U menga ishongandi, ogʻir paytlari menga yordam qoʻlini choʻzgandi. Oʻsha zahoti Chingizga xat yozib, hammasi toʻgʻrisida gapirib bermoqchi boʻldim; otasining vasiyatlarini asray olmaganim uchun, irodasizlik qilganim uchun undan kechirim soʻrashni istardim. Bir necha marta shunday qilishga urinib koʻrdim, lekin har gal qat’iyat yetishmasdi...

Yaqinda doʻxtir singlimga: «Uzogʻi bilan yana bir oy yashashi mumkin», deganini tasodifan eshitib qoldim. Oʻshandan beri oromim yoʻq. Toʻraqul oldidagi qarzimni uzmasdan narigi dunyoga qanday ketaman? U dunyoda Toʻraqul bilan uchrashib qolsamu mendan: «Tangriberdi, sen nima uchun soʻzingning ustidan chiqmading? Bor-yoʻgʻi arzimas buyumlarni oʻgʻillarimga topshirib qoʻyishni iltimos qilgan edim. Shu ishni bajarish ham qoʻlingdan kelmadimi?» deb soʻrab qolsa netaman? Uning koʻziga qanday qarayman? Shu bois singlimdan, agar meni u dunyoga armonsiz kesin desang, iltimos, Toʻraqulning merosxoʻrlaridan birortasini huzurimga boshlab kelgin, deb soʻradim. Men ularning poyiga tiz choʻkib, tavba qilmoqchiman. Shukur, oh-vohlarim xudoga yetibdi. Qondoshim, Toʻraqulning urugʻ-aymoqlari nomidan mening gunohimni kechirgin! Iloyim, u dunyoga ogʻir gunohim bilan ketmayin! — deb chol yosh boladay hoʻngrab yubordi.
— Xafa boʻlmang! Axir, hech qanday gunohingiz yoʻq-ku?! Agar bunda gunoh boʻlsa, oʻsha la’nati zamon gunohkor! Adolatsizlik ildiz otgan zamon hammasiga gunohkor, — deb bechora cholga taskin berishga urindim. Lekin, oʻzim ham tasalli-taskinga zor boʻlib turardim. Tinka-madori qurib, bukchayib qolgan cholning ahvolini koʻrib, yurak-bagʻrim ezilib ketdi. Otamning soʻnggi kunlarida hamnafas boʻlgan kasalmand cholni bagʻrimga mahkam bosdimu, hiq-hiq yigʻlay boshladim...»

Aytmatov. Tangriberdi Alapayevdan 1938 yili otam aytib yuborgan eng oxirgi xabar bizga faqat 1975 yili yetib keldi. Bu paytda onam vafot etganiga toʻrt yil boʻlgan edi.

Shoxonov. 1938 yil. Rutubatli kuz kunlari. Bishkekdan uncha olis boʻlmagan togʻ etagida Poʻngtosh degan soʻlim goʻsha. Xuddi shu joyda NKVDning oromgohi bor. Oʻsha kunlari bir nechta yuk mashinalariga qamalgan mahbuslarni pinhoniy ravishda shu yerga keltirishadi-yu, hammasini otib oʻldiradilar va qotillarga xos puxtalik bilan ilgaritdan hozirlab qoʻyilgan xandaqlarga koʻmib ketadilar. Oʻsha oromgohda qoravul boʻlib ishlaydigan Abikan Qidiraliyev pinhoniy qotillikni zimdan kuzatib oʻtiradi. Oradan koʻp yillar oʻtgach, oqsoqol oʻsha mozoristonga borib, marhumlarning ruhiga Qur’on tilovat etib yuradi. Cholning 1928 yilda tugʻilgan Bubuyra ismli sizga tengdosh qizi bor edi. Ota oʻz qiziga shunday vasiyat qiladi: «Qizim, hozir aytadigan gaplarim hech qachon esingdan chiqmasin; mana shu joyga juda koʻp marhumlar dafn etilgan. Xudo xohlasa, yaxshi kunlar keladi. Oʻshanda bu sirni odamlarga oshkor qilasan. Hozircha bu toʻgʻrida birovga miq etib ogʻiz ocha koʻrma». Qirgʻiziston demokratiya yoʻlini tanlab, mustaqillikni qoʻlga kiritgach, Bubuyra xola otasidan eshitgan gaplarni qogʻozga tushirib, Davlat xavfsizligi qoʻmitasiga maktub yoʻllaydi. Qoʻmitada boʻlim mudiri lavozimida xizmat qiladigan Boʻlat Abdurahmonov (ba’zi bir hamkasblarining e’tiroz bildirishlariga qaramasdan) nomsiz mozorni ochib koʻrish chora-tadbiriga bosh boʻladi. Fojia roʻy bergan joydan 137 nafar kishining bosh chanoqlari, suyaklari topiladi. Suyaklar orasidan yarmi chirib ketgan uch sahifalik hukm matni ham chiqib qoladi. Sizning otangiz Toʻraqul Aytmatov ham aynan oʻsha hukmga asosan otib tashlangan ekan. Qirgʻiz xalqining Jusup Abdurahmonov, Qosim Tinistonov, Erkinbek Esonomonov, Imonali Aydarbekov, Boyali Isoqov, Asanboy Jamansariyev, Usmonqul Aliyev, Sodiq Choʻnboshev kabi mashhur oʻgʻlonlari ham otangizga taqdirdosh boʻlgani arxiv hujjatlari asosida isbotlandi... Musibatlar uyasi boʻlmish oʻsha joyga «Ota Beyit» nomi berildi. Marhumlarni qayta koʻmish marosimida respublika Prezidenti Asqar Aqayev ishtirok etdi. Lyuksemburgdan ana shu marosimda qatnashish uchun siz ham yetib keldingiz va nutq soʻzladingiz. Guvohlarning aytishicha, marosimda koʻzyosh toʻkmagan odam qolmabdi. Prezidentning maxsus farmoniga muvofiq 1995 yil 25 noyabr «Repressiya qurbonlarining xotirasi kuni» deb e’lon qilindi. Marosimda birgalikda qatnashdik. Guras-guras olomon oqimining poyoni koʻrinmasdi.

Bir guruh yoshlar, talabalar qop-qora sochli, oʻychan boqib turgan navqiron yigitning portretini boshlari uzra magʻrur koʻtarib yurardilar. Bu — Toʻraqul Aytmatov edi. U paytlari otangiz Sizning hozirgi yoshingizdan ikki barobar kichik boʻlgan. Siz juda koʻp narsalarni boshingizdan kechirdingiz, shon-shuhratga burkandingiz.

Aytmatov. Ha, oʻsha topilma — otamning ustidan chiqarilgan oʻlim hukmi qalbimni ostin-ustin qilib yubordi. Oʻsha hukmnoma 137 marhumning suyaklari orasidan topildi. Muxtorjon, oradan 53 yil oʻtgach, hatto marhumning suyaklari ham tuproqqa qoʻshilib ketar ekan. Lekin, qanday moʻ’jiza tufayli otamning koʻkrak choʻntagidagi uch varaq hukmnoma butunlay chirib ketmagani kishini hayron qoldirmaydimi? Ollohning barqarorligiga iymon keltirmoq kerak. Mayli, kechikib boʻlsa-da, adolat tantana qildi. Mudhish zamonlarda bizning oilamiz boshiga tushgan musibat, iloyim, hech kimning boshiga tushmasin!

Shoxonov. Chike, agar Siz qarshi boʻlmasangiz, singlingiz Roza xonimning xotirasiga yana diqqatingizni qaratmoqchiman:

«Onam umrining oxirigacha Chingizning qaramogʻida yashadi. Nazarimda, u faqat toʻngʻich farzand emasdi, ayni paytda ular oʻrtasida qandaydir ruhiy yaqinlik ham bor edi. Uning har bir asarini, hatto maqolalariyu suhbatlarini ham onam berilib, qiziqib mutolaa qilardi. Onam oʻsha davrdagi sovet va dunyo adabiyotidan yaxshi xabardor edi.

Chingizga Lenin mukofotining berilishi faqat qirgʻiz xalqi, Sovet Ittifoqining barcha milliy respublikalari uchun misli koʻrilmagan voqea boʻlib qolmasdan, ayni paytda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston xalqlari uchun ham juda zoʻr voqea boʻldi. Chunki, u zamonlari Sovet Ittifoqida bunday mukofotni olgan odam ommaviy ravishda tan olingan hisoblanardi, tirik chogʻidayoq klassiklar qatoridan joy egallardi. Favqulodda nufuzli boʻlgan oʻsha mukofot Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston boʻyicha adabiyot sohasida birgina Muxtor Avezovga berilgan edi. Chingizga mukofot topshirilgan kun Aytmatovlar oilasining obroʻ-e’tibori eng yuqori nuqtaga koʻtarilgan damlar boʻldi. Respublika gazetalari Chingizga butun-butun sahifalar bagʻishladilar. Har tomondan tabrik telegrammalari, maktublari yogʻilib ketdi. Oʻsha paytgacha bizning bor-yoʻqligimizni ham bilmaydigan partiya rahbarlari, hukumat amaldorlari telefon orqali tabrikladilar yoki uyimizga maxsus tashrif buyurdilar. Koʻchalarda, doʻkonlarda, madaniy muassasalarda faqat Chingiz toʻgʻrisida gapirishardi. Aksiga olgandek, shunday damlarda onamning tobi qochib qoldi, uni kasalxonaga yotqizdik. Onamga yangi chiqqan koʻkat xarid qilish uchun men Oʻsh bozoriga joʻnadim. Avtobusda ketayotsam, 50 yoshlar chamasidagi miqti, qalin moʻylovli, katta tugun koʻtarib olgan qirgʻiz kishi yonidagi yigitga: «Qirgʻizlar Chingiz timsolida oʻzining xalq ekanini koʻrsatdi», dedi magʻrurlanib. Bu soʻzlar meni bagʻoyat toʻlqinlantirib yubordi. Axir, biz kechagina «xalq dushmani»ning bolalari emasmidik? Bizni har kim xoʻrlamasmidi? Xudoyim, mana. bizning koʻchada ham bayram boʻldi-ku!

Onam doim sumkachasida otamning Chingiz va Ilgiz bilan birga tushgan suratini olib yurardi. Kasalxonada ham oʻsha suratni yoniga qoʻyib qoʻyadi.

Moskvadan qaytib kelayotgan Chingizni kutib olish uchun respublika rahbarlari, qarindoshlari, yaqinlari yoʻlga peshvoz chiqdilar. Men erim Esonbekni joʻnatib, onam bilan qoldim. Chingiz uyga ham kirmasdan toʻgʻri kasalxonaga keldi. Onam yostiqdan arang oʻmganini koʻtarib (oyoqlari shishib ketgan edi), Chingizning koʻkragiga boshini qoʻygancha uzoq yigʻladi. Uning koʻzlaridan togʻ jilgʻalarida oqayotgan zilol suv misoli begʻubor sevinch yoshlari duv-duv toʻkilardi. Necha-necha yillardan soʻng ilk bora koʻksini toʻldirib nafas oldi. Goʻyo uyqusiz oʻtkazilgan vahshatli tunlardan nom-nishon qolmaganday edi. Bir soʻz bilan aytganda, Chingiz shon-shuhratga burkangan tantanali kun onam uchun Toʻraqulning ma’naviy gʻalabasi boʻldi».

Aytmatov. Ha, onam uchun aynan shunday boʻlgan.

Shoxonov. Koʻrib turibman, Siz toʻlqinlanib ketdingiz. Boʻpti, boshqa mavzuda gaplashamiz. Esingizdami, Shakarga safaringiz chogʻi Siz Rossiya televideniyesining muxbiri Vladimir Fyodorov bilan suhbat boshladingiz. Biz Umarboy Norbekov, Davlatbek Shodibekov va yana Sizning ikkita sinfdoshingiz bilan Qurqurov daryosining darasiga yoʻl oldik. Togʻdan hayqirib tushayotgan daryo sohilidagi koʻklamzor havosi shifobaxsh edi. Oʻsha manzarani tomosha qilib turgan paytimiz Siz mening yonimga kelib: «Koʻryapsanmi, huv, anavi Manas choʻqqisida bulut toʻplanib turibdi? Endi kuzatib oʻtirsang, oʻn-oʻn besh daqiqadan soʻng bu yerda jala boshlanadi». Dastlab, hazillashyapsiz, deb oʻyladim. Axir, bir tutam bulut jala boʻlib yogʻilishi kimning xayoliga kelardi. Oʻsha bulutni shamol uchirib ketishi mumkin-ku? Lekin, hali es-hushimni yigʻib olishga ham ulgurmagan edimki, birdan shamol turdi, momoguldurak boshlandi va birdan jala urib berdi-ya! Shu tariqa otayurtingiz tabiatini, oʻzgaruvchanligini nechogʻlik nozik his etishingizni oʻshanda bilganman.

Chike, qiziq voqea esimga tushib qoldi.

1995 yili Bishkekda uch qardosh respublikalarning bosh vazirlari ishtirok etgan kengash boʻldi. Unda Akejon Qoʻjegeldin (Qozogʻiston), Abduhoshim Mutalov (Oʻzbekiston), Apas Jumagʻulov (Qirgʻiziston) qatnashdilar. Hukumat rahbarlari energetika, gaz sanoati, sogʻliqni saqlash sohalariga doir umumiy muammolarni muhokama etdilar va oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma tuzdilar.

Kengash poyoniga yetgach, mehmonlarni men Qozogʻiston elchixonasiga taklif etdim. Elchixonaga ketayotib, mashinadan Sizga qoʻngʻiroq qildim.
— Uchta qardosh respublikaning hukumat boshliqlari har kuni toʻplanavermaydilar. Bu oqshom ular bilan birga ovqatlanishni istaysizmi?

Dasturxon atrofida qizgʻin suhbat boʻldi. Har xil mavzularda fikr almashdik. Lekin, Jambuldagi zoovettexnikumda oʻqib yurgan paytlaringizda roʻy bergan «eshakchilik» toʻgʻrisidagi hikoyangizni eshitib, hamma ichagi uzilguncha kuldi. Hikoyangiz eng qiziq nuqtaga yetgan payt meni telefonga chaqirib qolishdi: Olmaotadan respublika Tashqi ishlar vaziri Qosimjomart Toʻqayev qoʻngʻiroq qilgan ekan. Xullas, Siz gapirib bergan hikoyaning yechimini eshitmay qoldim. Telefonda gaplashib qaysam, dasturxon atrofida oʻtirgan odamlar miriqib qahqaha otishyapti. Hozirgacha oʻsha hikoyangizning oxirini eshitmay qolganimga afsuslanaman.

Aytmatov. Oʻsha kulgili fojianing ma’nosi tushunarli boʻlishi uchun gapni uzoqdan boshlashim lozim.

Gap shundaki, otam repressiyaga uchragandan soʻng, urush yillari ham men koʻpincha Qoraqiz ammamning qaramogʻida yashardim. Ammamning mendan umidi katta edi: negadir u kaminani partkom, prokuror yoki shunga oʻxshash sohaning yirik amaldori boʻladi deb oʻylardi. Oʻshanday shohsupaga koʻtarilishim uchun ammam oʻz tushunchasi boʻyicha qoʻlidan kelgan hamma ishni qilardi. Masalan, u mening shaharda oʻqishimni istardi. U menga oxirgi tiyinlarini ham berardi, talqon tayyorlab qoʻyardi. Hayotda odam hech kutilmagan sinovlarga duch kelar ekansan.

Biz har kuni saboq olishdan tashqari, ayni paytda amaliy ish bilan ham mashgʻul boʻlardik. «Yilqichilik», «Qoʻychilik» mavzularida saboq olganimizdan soʻng, birdan «Eshakchilik» mavzusiga oʻtib ketdik. Dastlab, hamma askiya qildi: mavzuni qaranglar, eshak emish! Aslida, boshqacha ekan. Ma’lum boʻlishicha, uzun quloq, hangrashni qotiradigan eshakvoyning avlodlari qadim zamonlarga borib taqalar, zoti, turlari, ranglari har xil boʻlar, qisqasi, eshaqdan eshakning farqi bor ekan. Bizning oʻqituvchimiz rus edi. Qattiqqoʻl moʻysafid edi. Oʻz sohasi boʻlmish yilqichilikni juda yaxshi bilardi. U qamaldagi Leningraddan Qozogʻistonga koʻchib kelgan ekan. Texnikum talabalari tajriba oʻtkazishi uchun yordamchi xoʻjalik yoʻq edi. Odatda, tajribaviy mashgʻulot paytida professor shogirdlarini Jambuldagi «Otchopar» nomli mol bozoriga ergashtirib borardi. Oʻsha gal ham shunday qildi. Yakshanba kunlari bu joy ajoyibxonaga aylanib ketardi: yon-atrofdagi ovullardan, qirgʻizlarning Talas vodiysidan mol oladigan, mol sotadigan odamlar yogʻilib kelardi. Olomon orasida dallollar bir daqiqa ham tinim bilmasdi. Biz oʻzimizga ma’qul boʻlgan bitta «uzun quloq eksponat»ni tanladik.
— Student Aytmatov, mana shu olijanob hayvon toʻgʻrisida bilganlaringni bizga gapirib ber-chi? — dedi koʻzoynagi yaltirab turgan professor. U kishi yaqinda «Insoniyatning madaniy taraqqiyotida eshakning oʻrni» mavzusida ma’ruza qilgan edi.

— Bu hayvon dastlab Afrika va Osiyo qit’asida tarqalgan edi, — deb ilhom bilan gap boshladim. — Hozir ularni Suriyada, Kashmirda, Tibetda, Turkmanistonda, Oʻzbekistonda, Qozogʻistonda, Qirgʻizistonda, shuningdek, Moʻgʻilistonda uchratish mumkin. Asosan, eshaklardan oilada ogʻir yuklarni tashish vositasi sifatida foydalanadilar. Oʻzlaring koʻrib turganlaringdek, eshaklar boshqa hayvonlardan oʻzlarining quloqlarining uzunligi bilan ajralib turadilar. Ayni paytda dumlari ham uzun, lekin yupqa boʻladi. Oʻn ikki oy mobaynida homilador boʻlib yuradilar... — Shunday dedimu birdan eshakning egasini tanib qoldim. Bu kishi bizning ovulimizdan boʻlib, Qoraqiz ammam bilan Doʻstali amakimning qoʻshnisi edi. Sotuvchi koʻzlarini ola-kula qilib, eshak toʻgʻrisida aytayotgan gaplarimni tashvishmand qiyofada tinglardi. Qaniydi, shu tobda yer yorilsayu men yer ostiga kirib kesam! Tovushim chiqmay qoldi.

Lekin, mening xayolimdan nimalar kechayotganini professor tushunarmidi?
— Student Aytmatov, nega indamay qoldingiz? Davom eting! Kulrang eshak boshqa eshaklardan nimasi bilan farq qiladi? — deb qistardi u.

Uyalganimdan terlab ketdim.

Shunday qilib, boyagi oqsoqol ovulga qaytib boradiyu meni qanday oʻqib yurganimni hammaga aytib chiqadi.

Qirqinchi yillarning oxirlarida Shakarda sudya, prokuror, militsioner kasbi hurmatga sazovor edi. Bu haqda hatto lapar toʻqilgandi: «Ering militsioner boʻlsa, doim hind choyi ichasan...» Mening qarindoshlarim, ammam ham, amakim ham shaharda oʻqiyotganim uchun oʻzlaricha qoʻrsayib yurishardi. Obroʻ-e’tiborli hunar egasi boʻlib qaysam, xudo xohlasa, nufuzli odamlardan biriga aylanib qolishim tayin edi. Ta’tilga kelgan paytlarim ular mendan hech narsalarini ayashmasdi: toʻygunimcha ovqatlantirishardi, tirnoqlab yigʻib qoʻygan pullarini choʻntagimga tiqishardi. Qoʻshni cholning gap-soʻzlarini eshitishgandan keyin kulishni ham, yigʻlashni ham bilmay qoladilar.

Ta’tilga borgan paytim Qoraqiz ejam xafa boʻlib, yuzimga tikilib oʻtirdi-da, xoʻrsinib:
— Odamlar orasida yurgan mish-mishlarga qaraganda, shaharda yurib sen eshakchilik ilmini oʻrganayotgan emishsan, — dedi. — Chirogʻim, bu nimasi boʻldi? Yoki boshqa oʻqiydigan ilmgoh yoʻqmikan? Agar eshakchilik ilmini oʻrganishga juda ishtiyoqmand boʻlsang, marhamat, ular ovulimizda ham yetarli...

Uyatdan qizarib-boʻzarib ketganim, ochiq koʻngul qarindoshlarim qarshisida oʻzimni oqlash uchun behuda uringanlarim hali-hali yodimdan chiqmaydi. Axir, ular mening moʻjizaviy kelajak sohibi boʻlishimni orzu qilishardi.

Ularning soddadilligi, bolalarcha goʻllik xalqimizga xos xususiyatlardan boʻlib, boya eslatib oʻtganimiz, «sahroyi akademiya»ning asoslaridan birini tashkil etadi.

Shoxonov. Bir gal doʻstingiz Seytali Bekmambetovni biznikiga boshlab kelgan edingiz. Oromijon yoz kunlari edi. Qimiz ichib oʻtirib, oʻtgan kunlarni eslashdik, uzoq suhbatlashdik.

Aytmatov. Darvoqe, urush yillari qoʻliga qurol ushlashga yaraydigan kishilar yoppasiga frontga safarbar etildi. Ovulimizda qari-qartanglar, xotin-xalajlar va oʻn uch-oʻn toʻrt yashar bolalar qoldi, xolos. Biz oʻsmirlar asosiy suyanchiq boʻldik. Oʻzining ishlari boshidan oshib-toshib yotgan kolxoz raisi bizga oʻxshagan bola-baqralarni maktabdan haydab chiqib, ularga vazifa berardi. Oʻsha paytlari men Shakar va Archagul qishloq sovetlari boʻyicha pochtalon etib tayinlandim. Seytali boʻlsa, «koʻtarilib» ketdi — uni maktab direktori vazifasiga tayinlashdi. Oz-moz savodi bor bolalar muallimlik qilishardi. Ular sanashni bilsalar kifoya edi.

Shoxonov. Bir gal uchrashib qolgan paytimiz Seytali Siz haqda batafsil gapirib bergandi.

«Chingiz ikkovimiz qandaydir aniq bir vazifani bajarayotgan boʻlsak-da, lekin kunlar isib, bahor kelishi bilanoq boshqalar qatori qishloq xoʻjalik ishlarida tengma-teng qatnashardik. Sinfdoshlarimiz Toʻxtasin, Boyizbek, Alimbek bilan doim birga yurardik. Hamma joyda beshalamizni uchratish mumkin edi. Tong otar-otmas oʻrnimizdan turib, to qora xuftongacha mehnat qilardik.

Kunlarning birida kolxoz raisi beshalamizdan faqat Chingiz ikkovimizni ajratdi-da, Maymoq stansiyasiga joʻnatdi. Hoʻkiz qoʻshilgan aravalarni bugʻdoy solingan yirik qoplar bilan toʻldirib, har kuni stansiyaga qatnardik. Boqimbegʻam hoʻkizlarni faqat qamchi yordamida joyidan jildirish mumkin edi. Bugʻdoy qabul qiladigan punktga jaziramada, tushdan keyin yetib borardik. Qabul punktining mudiri Naumenko uzoqdan imillab kelayotgan aravamizga koʻzi tushgan zahoti kulumsirab yoʻlimizga peshvoz chiqardi. Rus tilini yaxshi biladigan Chingiz u bilan bemalol gaplashardi. Bu hol ishimizga faqat foyda keltirardi. Chingiz menga nisbatan xiyla kuchli, chaqqon edi. U zil-zambil qopni yelkasiga ortib pilapoyadan yuqoriga koʻtarilayotgan paytda men oʻzimcha gʻururlanib qoʻyardim. Aksariyat odamlar bugʻdoy xirmoni uzra yotqizib qoʻyilgan yogʻoch pillapoyalardan qoplarni yumalatib chiqarishardi.

Ishimizni bitkazib, ovulga qaytardik. Qaytishda hoʻkizlar ildamroq yurishardi. Ba’zan tosh yoʻlda poyga oʻynardik. Aravalar boʻm-boʻsh boʻlardi.

Olis yoʻl davomida tamaddi qilib olganimizdan soʻng kayfiyatimiz koʻtarilib, hatto qoʻshiq ayta boshlardik. Chingiz rus klassiklarining kitoblarini doim oʻzi bilan birga olib yurardi. Gohida oʻqigan kitobining mazmunini menga juda qiziqarli hikoya qilib berardi. Yanglishmasam, 1944 yil edi, shekilli, Chingizning xonasiga kirsam yolgʻiz oʻzi oʻtirgan ekan. Meni koʻrib suyunib ketdi,

— Seytali, rayon markaziga borib kelish kerak. Kirovkaga borib, zayom pullarini topshirish lozim. Yoʻl olis, pul bilan yurish xavfli. Ikkovimiz borsak boʻlmasmikan? Arava tayyor turibdi.

Maktabda ishlarim tiqilib yotgan boʻlsa-da, doʻstimning iltimosini rad etolmadim. Ertasi kuni tush payti soʻrab-surishtirib oʻzimizga kerak tashkilotni topib bordik. Hoʻkizlarni sugʻorib, zogʻora nonimizni kavshay boshladik. Shu chogʻ keng yelkali, qora moʻylovli bir yigit yonimizga yaqinlashib:
— Ey, bolalar, nima ish bilan keldilaring? — deb soʻradi.

Biz nima uchun kelganimizni oqizmay-tomizmay gapirib berdik.
— Sen kimning oʻgʻlisan? — deb soʻradi u Chingizdan.
— Toʻraqul Aytmatovning oʻgʻliman, — deb javob berdi Chingiz.

Boyagi yigit birdan qiyqirib yubordi:

—Oʻ-oʻ, chirogʻim, bormisan! — deb koʻzlari yoshlandiyu Chingizni bagʻriga bosib, yuzlaridan choʻlp-choʻlp oʻpa ketdi.

—Men Qojomqul amaking boʻlaman. Rayon jamgʻarma kassasining mudiriman. Toʻraqul ogʻam meni oyoqqa turgʻizgan. Uning oldida umrbod qarzdorman...

Ma’lum boʻlishicha, u oila a’zolari bilan rayon jamgʻarma kassasidagi xonalardan birida yashar ekan. Aravada oʻtirgan biz bolalarni u qoʻyarda-qoʻymay uyiga olib ketdi va aziz mehmonlardek toʻriga oʻtqazdi. Hisob boʻyicha zayom pullarini qabul qilib, qoʻlimizga kvitansiya yozib berdi. Ertasi kuni ovulga kuzatayotib:
— Oʻzingga kiyim-bosh sotib olgin. Chirogʻim, hozircha qoʻlimdan keladigan yordam shu, xolos, — deb Chingizning choʻntagiga bir dasta pul solib qoʻydi.

Oʻsha yilning kuz faslida biz Chingiz ikkovimiz Jambulga joʻnadik. Qojomqul amaki bergan pul bizga sira tinchlik bermay qoʻygandi. «Otchopar» bozorini rosa aylandik; oxiri tanlab-tanlab ikkita gimnastyorka, shimlar, yulduzi porlab turgan telpaklar, charm tasmalar xarid qildik. Panaroq joyga oʻtib kiyimlarimizni yangisiga almashtirdik-da, bozordan toʻppa-toʻgʻri qizil askarlar huzuriga bordik...»

Sizning bolaligingiz bilan bogʻliq yana bir voqea yodimga tushdi. Bir safar mutlaqo tasodifan Muso Qosimov degan kishi bilan uchrashib qoldim. U qishloq xoʻjaligi institutida Sizdan ikki bosqich quyida oʻqigan ekan. Juda odamshavanda inson. U ba’zi bir qiziq voqealarni gapirib berdi. Siz u paytlari Qirgʻizistondagi chorvachilik ilmiy-tadqiqot institutida veterinar boʻlib ishlar ekansiz. Yosh edingiz.

Aytmatov. Toʻgʻri, 1956 yili Gorkiy nomidagi Adabiyot institutiga ketayotib, oʻz ishimni oʻsha Musoga topshirgan edim.

Shoxonov. Qizigʻi shundaki, Muso Sizning yozuv stolingiz tortmasidan rus tilida bitilgan ikkita ilmiy ish topib oladi. Ulardan biri mashinkada yozilgan, ikkinchisi qoʻlyozma ekan. Ilmiy maqolalardan birining nomi «Sigirni uch marta sogʻish yetarlimi?» boʻlsa, ikkinchisi «Hayvonlar ozuqasida makkajoʻxorining miqdori» deb nomlangan edi. Oʻsha maqolalarni Muso qirq yildan beri oʻz oilasida juda noyob osori atiqa sifatida asrab kelayotir. «Ehtimol, Chikega kerak boʻlib qolar. Agar kerak boʻlmasa, shunchaki tomosha qilib koʻradi», dedi u yaqinda va menga maqolalardan nusxa koʻchirib berdi.

Muso quyidagilarni hikoya qildi:

«Chike, ilmiy tadqiqot institutining fermasiga zootexnik boʻlib ishga kelishi bilan bir nechta yangilik joriy etadi. Bunday yangiliklar oʻsha paytgacha hech kimning xayoliga kelmagan edi. Oʻzi ham bevosita shu bilan shugʻullanadi. 1950 yillarning oʻrtalarida Qirgʻizistonda zotdor sigirlar yoʻq hisobi edi. Keyinchalik Leningrad viloyatidan zotdor buqalar keltiriladi. Natijada sigirlarning zoti yaxshilanadi va sut yogʻliroq boʻladi. Otlarning zotini yaxshilash uchun ham Chingiz koʻp ishlar qiladi.

Ishonchim komilki, agar Chingiz mashhur yozuvchi boʻlmagan taqdirda, u albatta chorvachilik sohasining yetuk mutaxassisi, akademik boʻlardi».

Aytmatov. Yaqin kishilaring doim seni sal koʻpirtirib maqtaydilar. Boʻlmasam, nima boʻlishingni kim biladi. Taqdir deganlari juda qiziq narsa... Boʻtam, kel, endi oʻzing toʻgʻringda gaplashaylik.

Esingdami, yaqinda sen, men va dramaturg Qaltoy Muhammadjonov bilan birgalikda Toshkentga borgan edik. Yoʻl-yoʻlakay otayurting boʻlmish Janubiy Qozogʻistonga kirib oʻtdik, Xoja Ahmad Yassaviy qabrini ziyorat qildik. Musulmon olamida «ikkinchi Makkai mukarrama» deb nom qozongan Turkiston xonaqohining tuprogʻini tavof etdik. Sening navqiron qarindoshlaring Serik Seytjonov, Olimjon Qurtayev, Quvonish Aytaxonovlar bizni mehmon qildilar. Oʻtror toʻgʻrisidagi ularning qizgʻin hikoyalarini berilib tingladik. Ilgari ham sendan Oʻtror, Asrlonbobo, muqaddas Turkiston toʻgʻrisida koʻp rivoyatlar eshitganman. Ikki gapning birida Oʻtror nomini tilga olasan. Keyinchalik oq she’r vaznida botirlar jasoratini kuylay boshlading. Beixtiyor oʻylayman: sen otayurting bilan juda qattiq bogʻlangansan. Oʻz vaqtida Oʻtror toʻgʻrisidagi dostoning ham menda kuchli taassurot qoldirgan edi.

Shoxonov. Chike, oʻsha doston otayurtim tarixida roʻy bergan fojiaviy hodisalar toʻgʻrisida edi. Otam eski yozuvni yaxshi bilardi. Arab imlosida yozilgan qissa va dostonlarni bemalol oʻqirdi. Koʻhna rivoyatlarni yaxshi koʻrardi. Ma’lum ma’noda, otam mullo edi.

«Batraklarga qoʻshilgin,
Boylar bilan mullolarni

Qamchilab haydagin», deb yozgan edi bitta shoir.

Mana shunday siyosat natijasida quvgʻinga uchragan otam oʻz vatanini tark etib, Tolibi tumanidagi Qashqasuv ovuliga kelin boʻlib tushgan qizi Izzatning uyiga koʻchib ketadi. Men u paytlari chillasi chiqmagan goʻdak edim.

Toʻqqiz yoshga toʻlgan paytim otam vafot etadi. Hali-hali yodimda, otam meni tizzasiga oʻtqazib, Oʻtrorni dushmanlardan qahramonlarcha himoya qilgan yovqur bobolarimiz toʻgʻrisida hikoyalar soʻylardi.

U meni bolalik chogʻimdan kindik qonim tomgan yurtga muhabbat ruhida tarbiyalamoqchi boʻlardi. Onam ba’zan: «Hali kichkina, tushunarmikan?» deb shubha bildirardi. «Tushunishi kerak. Agar tushunmasa, oʻziga qiyin boʻladi. Chuqur ildiz otmagan daraxtning umri qisqa boʻladi», deb javob qaytarardi otam.

Butun dunyoni zabt etishga qaror qilgan Chingizxonning son-sanoqsiz qoʻshini yashin tezligida hujum boshlaydi. Osmonoʻpar minorlari boʻlmagan Markaziy Osiyodagi yirik shaharlar sanoqli kunlar ichida dushmanga taslim boʻladi. Yoʻlida uchragan toʻsiqlarni changini chiqarib kelayotgan yov qudratini koʻrib talvasaga tushib qolgan ayrim hokimlar shahar darvozalarini oʻz qoʻllari bilan ochib berganlar. Faqat Oʻtrorgina olti oygacha yovga taslim boʻlmaydi. Faqat Oʻtror bosh egmaydi, aholisi qirilib ketguncha qarshilik koʻrsatadi...

Chingizxon: «Oʻtrorda birorta ham erkak zoti qoldirilmasin!» deb farmon beradi. Oʻtrordagi barcha erkaklar qahramonlarcha halok boʻladilar. Faqat bitta sotqin tirik qoladi, xolos. Mana shu rivoyatni qayta-qayta soʻylashdan otam sira charchamasdi. Bukilmas Qayirxon va sotqin yigit toʻgʻrisidagi tarix men uchun juda katta saboq boʻldi. Birgina ana shu rivoyat sharofati tufayli otam ham, Oʻtror ham mening gʻururimga aylandilar. Darhaqiqat, tarbiyaning eng oliy koʻrinishi — tuygʻular tarbiyasidir.

Ehtimol, yoshlik paytimdan otam donishmandlarga xos sabr-toqat bilan meni bobomeros yurtimizni sevishga oʻrgatgani, shuningdek, unga munosabatimning shakllanishi va chin dildan samimiy hurmat paydo boʻlishi hayot yoʻlimni belgilab bergan boʻlsa-da ajab emas. Otam oʻz umri mobaynida amal qilib oʻtgan tutum men uchun ham oʻzgarmas qoida boʻlib qoldi. Bitta misol keltiraman. Nima uchunligini bilmayman-u, ammo otam tushgacha soch-soqolini qirmasdi. Qiziq, men shu yoshga yetgunimcha hech qachon tushgacha soch-soqolimni qirmaganman. Bu holatda hech qanday favqulodda ma’no boʻlmasa kerak. Axir, otam shunday yashagan. Shu irim tufayli koʻpincha noqulay ahvolga tushib qolardim. Bir kuni Amerikaga uchib ketadigan boʻlib qoldim. Samolyot aynan tush payti tayyoragohdan osmonga koʻtarilar ekan. Lekin, men sochimni oldirishim kerak edi. Ertalabdan to tushga qadar soch-soqolni bemalol qirdirishim mumkin. Biroq, bolalikdan buyon amal qilib kelayotganim taomilni buzishim kerakmi? Buni tasavvurimga sigʻdirolmasdim. Xullas, oʻshanda boshqa bir qit’aga soch-soqolimni oldirmasdan uchib ketgan edim.

1992 yili Oʻtrorda yurtdoshlarimning iltimosiga koʻra mening ijodiy kecham boʻlishi kerak edi. Jazirama yoz oxirlab qolgandi. Quyosh ayovsiz kuydirardi, qilt etgan shabada yoʻq. Dim. Oz emas, koʻp emas, uch ming nafar yurtdoshim meni tuman chegarasida — markazdan oʻttiz chaqirim narida kutib oldilar. Otamni koʻrgan moʻysafidlar, oq roʻmolga burkangan onaxonlar meni bagʻirlariga uzoq bosib turardilar. Nafasim boʻgʻilib, oʻlay derdim. Mahalliy shoirlar biri qoʻyib, biri oʻz she’rlarini oʻqiydilar. Sahro boʻylab qoʻshiq, gʻayrat bilan raqs tushayotgan kishilarning qiyqiriqlari taraldi. Uchta kampir ichiga Oʻtror tuprogʻi solingan zarhal hoshiyali tumor tikib, boʻynimga osib qoʻyishdi.

— Oʻgʻlim, qayerda yursang ham mana shu muqaddas tuproq seni yomon koʻzlardan asrasin! — deyishdi.

Men oʻz xalqimdan hurmat-e’tibor topdim, koʻp sovgʻa-salomlar oldim. Olis mamlakatlarda ham menga mukofotlar berishgan. Ammo, otayurt tuprogʻi solingan tumordan qadrliroq birorta mukofot olmaganman. U meni nihoyatda toʻlqinlantirib yuborgan edi.

Aytmatov. Gaplaringni eshitib oʻtirib, bir narsani eslab qoldim: qadim zamonlarda ota-bobolarimiz olis safarga otlansalar, bir siqim tuproqni bellariga tugib ketishar ekan. Askar yigit jangga otlansa, uyda qoladigan xotini yoki mahbubasi unga butun nonning bir chetini tishlatib olar ekan. Keyin kemtik nonni asrab qoʻyarkan. Xalq udumiga koʻra, kimning rizq-nasibasi uyda qolgan boʻlsa, u albatta sogʻ-salomat qaytib keladi.

Shoxonov. Chike, endi men Sizga tarixiy xotira bobida qanday saboq olganim toʻgʻrisida gapirib beraman.

Sergey Tereshchenko degan yurtdoshim bor. Maqol-matallar bilan bezatilgan uning qozoqcha nutqiga ayrim qozoqlar havas qiladilar. U bir necha yil davomida komsomol tashkilotlarida ishladi, Chimkent viloyati partiya qoʻmitasiga yetakchilik qildi. Keyinchalik respublika Vazirlar Kengashining raisi boʻldi. Sergeyning otasi uzoq yillar mobaynida Tulqubos tumanidagi yirik xoʻjalikni boshqardi. U Sotsialistik Mehnat Qahramoni, xalq hurmatini qozongan inson. Bir soʻz bilan aytganda, ikkovi ham tugilgan yurtida chuqur iddiz otgan zotlardan.

Mening doʻstim, Moʻgʻilistonning birinchi kosmonavti Jugdemediyn Gurragchani Siz ham tanisangiz kerak. Aytmoqchi, u Sizning har xil tillarda chop etilgan kitoblaringizni toʻplab yuradi. «Agar yana bir marta kosmosga parvoz qilsam, albatta Aytmatovning asarlarini oʻzim bilan birga olib ketaman», deb bir necha bor ta’kidlagan. Oʻsha kosmonavtni oʻz yurtimga taklif etdim-da, yoʻl-yoʻlakay Sergey Tereshchenko huzuriga kirdim.
— Moʻgʻil doʻstingga Oʻtrorni va boshqa shaharlarning xarobalarini koʻrsatgin. U oʻzining bobolari yer yuzidan supurib tashlagan shahar qoldiqlarini koʻrib qoʻysin. Balki, u oʻylanib qolar, — dedi Sergey miyigʻida kulib.

Oʻsha payt shoshib turganim uchunmi, Sergeyning hazilomuz gaplariga unchalik e’tibor bermadim. Oradan ancha-muncha fursat utgach, bu haqda jiddiy oʻylab koʻrishga majbur boʻldim.

Nihoyat, biz Oʻtror tuprogʻiga qadam qoʻydik. Tuman rahbarlari bizni quchoq ochib qarshi oldilar. Yaqinda barpo etilgan Forobiy nomidagi Madaniyat saroyida oqshom payti biz bilan uchrashuv rejalashtirildi. Safar arafasida Qonjigit Sizdiqov bilan Abulqosim Qulumbetovdan menga «Oʻtrorning faxriy fuqarosi» unvoni berilgani toʻgʻrisidagi xushxabarni eshitgan edim. Safardosh doʻstim ham esimga tushdi. Oʻsha paytlari yer kurrasini aylanib chiqib, qaytib tushgan kosmonavtga qoʻngan joyining «faxriy fuqarosi» unvoni berilardi. An’ana shunday edi. Olmaotadagi Toʻqimachilik fabrikasi Sovet Ittifoqidagi birinchi kosmonavt-ayol Tereshkova nomida boʻlsa, Qozogʻistondagi yuzlab maktablar, koʻchalar Gagarin, Titov, Nikolayev nomlarida edi. Shuning uchun oʻyladimki, agar Gurragchaning Janubiy Qozogʻistonga, boz ustiga, Oʻtrorga ilk bora kelayotganini inobatga olib, unga ham faxriy unvon in’om etilsa, birov e’tiroz bildirmasa kerak. Mafkura nuqtai nazaridan bunday hodisa xalqlar doʻstligining koʻrinishi sifatida baholanardi. Biroq, oʻsha paytlari tuman rahbari boʻlib turgan Muhammadqosim Shakenov bir oz chaynalib qoldi.
— Muxtor, sizning fikr-mulohazalaringizga qoʻshilaman. Lekin, keling, avval bu masalani oqsoqollar bilan muhokama etib koʻraylik, — dedi u.

Erta bahor edi. Koʻm-koʻk boʻlib qolgan dashtu dalalar oftob ostida erkalanib yotardi. Gurragcha ikkovimiz Oʻtror xarobalari oralab rosa kezdik. Bu xarobalar oʻrnida bir paytlar gullab-yashnagan shahar boʻlganiga sira aql bovar qilmasdi. Vaholanki, Oʻtror Buyuk Ipak yoʻli ustida joylashgan, oʻn olti ming nafar aholi istiqomat qiladigan madaniyat va savdo-sotiq markazi edi. Omi odam boʻlsa, oʻsha paytlardayoq bu shaharga suv quvurlari yotqizilganini afsona boʻlsa kerak deb oʻylaydi. Oʻz paytida aynan Oʻtror yuksak madaniyat oʻchoqlaridan biri boʻlgan: Abu Nosir Forobiy kabi tarix, falsafa, tabobat, ilmi nujum, riyoziyot fanlarining ulkan namoyondalari yetishib chiqqan edi. Chingizxon qoʻshini tomonidan yoʻq qilib yuborilgan oʻsha madaniyat tarix sahnasidan tushib ketadi.

Xalq xotirasi qadim zamonlarda ruy bergan vahshiyliklarni hamon unutgan emas. Butun boshli urugʻ-aymoqlarni qirib yuborish niyatida homilador ayollarning qorni yorib tashlanadi, goʻdaklarni esa osmonga irgʻitishib, nayza tigʻiga sanchib oladilar. Mudhish voqealarning birdan-bir guvohi boʻlib ana shu quyosh ostida jizgʻanagi chiqib yotgan xarobalaru mozor sukunati qolgan, xolos.

Oʻlik shahar bilan xayolan suhbat qurib, nihoyat, pastlikka enib bordik. Koʻm-koʻk oʻtloqqa gilamlar, toʻshaklar yozilgan, dasturxon bezatilgan, mis samovar vaqirlab qaynayotgan edi.

Chingizxon misli koʻrilmagan shafqatsizlik bilan mening otayurtimni tuproqqa qorib, shu yerlik aholining tuxumini quritib, insoniyat taraqqiyotini yuz yil orqaga itqitib yuborgach, oradan yetti yarim asr vaqt oʻtib, biz oʻtrorliklar avlodi bir dasturxon atrofida Chingizxonning avlodi bilan doʻstona suhbatlashib oʻtirishimizni kim xayoliga keltiribdi deysiz! Vaholanki, biz aynan oʻsha yovuz daho kulini koʻkka sovurgan shahar xarobalari poyida, bir-birimizga hech qanday dushmanlikni ravo koʻrmagan holda bamaylixotir oʻtirardik.

Koʻp oʻtmasdan bizning huzurimizga bir nechta otliq moʻysafid kelib, egardan tushdi. Ular orasida kamina juda hurmat qiladigan oqsoqollar Musobek Ajibekov, Qutum Oʻrdaboyevlar ham bor edi. Ayniqsa, Janubiy oʻlkaning solnomasini yaratgan donishmand oqsoqol Adham Shilterxanovni boshqacha e’zozlardim. U kishi endi tarixiy mavzularga ham qoʻl urgandi.

Salom-alikdan soʻng, ular meni bir chetga boshlab chiqdilar.
— Muxtorjon, tuman rahbariyatiga sen bir iltimos bilan murojaat qilgan ekansan. Xalqimiz odatiga koʻra, sening doʻsting, mehmoning boʻlmish Moʻgʻilistonning birinchi kosmonavtiga qoʻlimizdan kelgancha izzat-ikrom koʻrsatamiz. Lekin, sen taklif etganday, unga Oʻtrorning faxriy fuqarosi unvonini berish masalasiga kelsak... Agar uning ota-bobolari vahshiylik qilmaganda bizning Oʻtror shu kunlarda ham qoʻr toʻkib turmasmidi? Zangor minoralarini koʻrib, koʻzlarimiz quvonmasmidi? Oʻtrordan tashqari, Sirdaryo havzasidagi yer yuzasidan supurib tashlangan qirq ikki shahar toʻgʻrisida nima deysan? Toʻgʻri, bu ishlarda Gurragchaning nima gunohi bor, deb soʻrashing mumkin. Oʻzimiz ham juda yaxshi bilamiz, bu ishlar uchun u gunohkor emas. Lekin, baribir ota-bobolarining qilmishi uchun Gurragcha ham javobgar. Chunki, uning tomirida oz boʻlsa-da bobolarining qoni oqyapti. Bizning gaplarimizni tarix xotirasi haqqi-hurmati aytildi deb qabul qilgin. Eski gina-kuduratlarni dilga tugib yurish bizning odatimiz emas. Biroq, tarixni butunlay unutib yubormasligimiz kerak. Shularni oʻylab koʻr.

Uch moʻysafid otlariga minishib, kelgan tomonlariga qaytib ketishdi.

Oʻsha payt koʻzlarim yarq etib ochilib ketganday boʻldi. Xudoyim-ey, shoir degan nomim boʻlishiga qaramasdan, bu qariyalar oldida naqadar havoyi ekanman. Axir, xalq xotirasini aynan shular avaylab-asrayaptilar-ku! Otamni esladim. Ma’lum boʻlishicha, Oʻtror toʻgʻrisida otam soʻylab bergan rivoyatlarning ma’nosini tushunmagan ekanman. Gap buyoqda ekan...

Keyinchalik, moʻysafidlar bilan boʻlgan suhbat mazmunini Gurragchaga soʻzlab berdim. Oʻ chin dildan bunday dedi:
— Qadrli shoir doʻstim, sening baxting shundaki, ovulda ana shunaqa donishmand bobolaring bor. Ular seni xatoliklardan asraydilar, milliy tarix xotirasini aslo unutmaydilar.

Aytmatov. Rostdan ham, gʻalati hodisa. Mas’uliyatli damlarda odam yetti oʻlchab, bir kesishi kerak. Tokim, notoʻgʻri xatti-harakati bilan avlodlar manfaatiga zarar yetkazib qoʻymasin. Biroq, amalda doim shunday boʻlavermaydi. Daryo-daryo qon oqizib, yarim dunyoni zabt etgan Chingizxon oʻsha paytlari shu haqda oʻylaganmikan? Aksincha, zobitning fe’l-atvori har qanday fikr-mulohazani bir chetga uloqtirib yuboradi. Mana, asrlar oʻtdi. Albatta. bunda Gurragchaning zigʻircha ham aybi yoʻq. Ovul oqsoqollari ham buni yaxshi tushunganlar. Ammo, tarix qonuniyati doimiy harakatda boʻladi. Tarix xotirasini nazar-pisand qilmaydigan kimsa oxir oqibat manqurtga aylanib qoladi.

Agar oʻtgan davrlarning sargʻargan sahifalari varaqlab koʻrilsa, xalqlar oʻrtasida koʻplab toʻqnashuvlar roʻy berganiga ishonch hosil qilish mumkin. Xoʻsh, tarix xotirasiga sodiq qolamiz deb biz Chingizxon qilmishlari uchun butun moʻgʻil xalqini yoki Gitler qilmishlari uchun butun olmon xalqini aybdor sanashga haqqimiz bormi? Misol uchun, bir zamonlar Angliya bilan Fransiya oʻrtasida yuz yillik muhoraba boʻlgan edi. Lekin, inglizlar ham, fransuzlar ham hozir bir-birlarini oʻsha urushlar uchun aybdor deb bilmaydilar, aloqalarini buzmaydilar.

Tarix xotirasining tor qoliplari ichida oʻralashib yurish ham millatni toʻgʻri yoʻlga olib chiqmaydi. Ayni paytda, oʻtmishning butunlay unutilishi ma’naviy manqurtchilikka eltib qoʻyadi.

Oqilona yoʻl shundan iboratki, umuminsoniy madaniyat taomillariga suyangan holda tarozi pallalari muvozanatini barobar ushlab turish kerak. Shuning uchun ham bu falsafa «sahroyi akademiya» deyiladi. Oʻtmish tajribalaridan unumli foydalanilgan holda kelajakni koʻzlab, insoniyat jamiyatining qonun-qoidalariga rioya etib ongli hayot kechirishni oʻrganish lozim.

Shoxonov. Bolalik paytlarimdan esimda qolgan: keksa kishilar quyosh botishini kuzatib oʻtirishib: «Umrning koʻpi ketib, ozi qoldi», deyishardi. Oʻsha chogʻlari bitta afsona eshitganman.

Qadim zamonlarda Sirdaryo sohilida bitta boy yashagan ekan. Bir kuni suv toshqini roʻy beradi. Boyning toʻplab qoʻygan davlati ham, mol-qoʻyi ham oqib ketadi. Boy yuzishni bilardi. U bir iloj qilib omon qoladi. Dir-dir titrab qirgʻoqqa chiqar ekan, tizzasigacha suvga botib turgan holda: «Xudoyim, qolgan umrimni munosib oʻtkazishim uchun imkon ber», deb nola qiladi. Uni kuzatib turgan havoyi yigitcha: «Oqsoqol, yoshingiz yetmishdan oshib ketdi. Shu paytgacha yiqqan-terganingizdan ajraldingiz. Yana qanday munosib umr haqida gapiryapsiz?» deydi piching aralash. U otiga qamchi urib, qayoqqadir ketadi.

Doimiy oʻzgarishda boʻlgan dunyoda oʻzgarmas narsa bormi?

Oradan ancha yillar oʻtadi. Bir yili qurgʻoqchilik boʻladi. Piching qilgan oʻsha navqiron yangiboy bitta boʻxcha bilan qoladi. Uning mol-qoʻylari qirilib ketadi, qarindoshlari ham ochlikdan oʻladilar. Oʻzi esa qornini toʻydirish uchun daydib yuradi. Och-yalangʻoch bechora Sirdaryo yoqalab daydib yursa, bir joydan chiqayotgan tutunga koʻzi tushib qoladi. Oʻsha tomon yoʻl oladi va bitta oʻtov qarshisidan chiqadi. Tovush beradi. Ayol eshikni ochib, uni toʻriga oʻtqazadi. Mehmonning ochligini koʻrib, unga ovqat beradi. Oshiq oʻynab oʻtirgan bolakaylar shoʻxlik qiladilar.
— Ovqatlanib oling, dam oling. Hademay xoʻjayin ham kelib qoladi, — deb ayol uy yumushlari bilan ovora boʻladi.

Birmuncha fursatdan soʻng oʻtovga soqoli koʻksiga tushadigan chol kirib keladi. Ular bir-birini darhol taniydilar. Ovqatlanib boʻlgach, chol mehmonga yuzlanib:
— Sen meni kalaka qilib ketganingdan keyin men sohil boʻylab yoʻlga chiqdim va mana shu ovulga yetib keldim. Bu yerda hamdardlik bilan qabul qilishdi, ovqat berishdi, issiq kiyim berishdi, yordamlarini ayashmadi. Ushbu oʻtovning sohibasi beva ekan. Bir oz oʻtgach, ikki yortidan bir butun bino qildik. Hozir mening hamma boyligim — anavi shumtakalar. Mol boqyapmiz. Tirikchilik bir navi oʻtib turibdi. Oʻshanda men xudodan shu narsalarni soʻragan edim. Niyatimga yetdim. Ollohdan ming bir marta roziman. Mana, umrimning qolganini munosib oʻtkazyapman. Boylik-qoʻlning kiri, bugun bor boʻlsa, ertaga yoʻq boʻladi. Chirogʻim, sen bir zamonlar juda qattiq adashding. Endi imon keltirdingmi, odamning xatosi sopqonday qaytib kelib boshiga tushadi.

Chike, bu afsonani toʻla keltirishimga sabab shuki, biz erta-indin qolgan umrimizni ham munosib yashab oʻtishimiz uchun xudodan imdod soʻraydigan yoshga yetib boramiz.

Aytmatov. Bu gaplaringda jon bor. Quyosh botayotgan mahal: «Umrimning koʻpi ketib, ozi qoldi», deb eslab turish kerak.

Yer yuzasida yurgan har bir xom sut emgan banda, albatta, taqdiri azaldan qolgan umrini munosib oʻtishini tilamogʻi darkor. Shunday payt bir kun boʻlmasa, boshqa kuni keladi. Shu muddatga ochiq yuz bilan, hayot soʻqmoqlarida uchragan mushkulotni mardonavor yengib kelishni xudo bizga nasib etsin!

Shoxonov. Inson tugʻilgan damdan, to u aqlini tanib, shaxs sifatida kamol topguncha otayurt unga qattiqqoʻl va mehribon murabbiy boʻladi.

Quyoshga intilib toʻzon bagʻrida
Mana shu koʻrimsiz yantoq gullaydi.
Kim uchun? Soʻrama, bordir taqdirda,
Shu yobonda uning joni yayraydi,
Oʻzga oʻt boʻlsaydi unmasdi taqir,
Chanqoqdan, issiqdan jismi jizganak.
Sahroda faqat u shahanshoh axir,
Suvgacha tomirlab otadi palak.
Tomirlar qum aro suvga urar lab,
Sahroning asrori ularga ayon.
Boʻronlar qoʻpsa-chi? Yoki shovullab
Qum koʻchsa, izidan kelmasmi qiron?
Qum-toʻzon falakni qoplasa butkul
Zulmatdoʻnadi — quyoshsiz osmon.
Ushbu dam huvillab choʻkadi koʻngul,
Zir titrab qoʻrqadi borki tirik jon.
Shunday payt qarasak tuyaqoringa,
Koptokday yumalar shamol yoʻlida.
Nogahon sakraydi, belanib changga,
Oʻyinchoq ekanmi taqdir qoʻlida.
Sahroda kun oʻtar mashaqqat aro,
Eng mushkul sinovlar bizga atalib,
Gar tuyaqorin boʻlsang, baxting ham qaro —
Ildizsiz yumalab, ketasan toʻzib.
Va yoki boʻronning basma-bastini
Qalqonday qaytargin tik turib mudom.
Zotan, bilsang, tiriklikning aslini
Gʻolib yaratadi, barqaror —davom.

Aytmatov. Odamlar ham shunaqa. Bitta afsona bor. Naql qilishlaricha, bir yigit yov qoʻliga asir tushadi. Uni yot oʻlkaga qul qilib sotib yuboradilar. Oradan yillar utadi. Yigit oʻzi tugʻilib oʻsgan yurtini ham, ota-onalarini ham unuta boshlaydi. U yot oʻlkaga koʻnikadi. Oxir oqibat sabr-toqati, aql-idroki, irodasining mustahkamligi tufayli oʻsha oʻlkaning hukmdori boʻladi. Yillar uchqur otday uchib ketadi. Hukmdor keksayadi. Kunlardan bir kuni uning otayurti taraflardan karvon keladi. Karvonda bir bogʻlam yovshan keltirilgan edi. Achchiq yovshan hidi dimogʻiga gup etib urilgan hukmdor olis yurtda qolib ketgan olis bolaligini, shoʻx-shodon oʻtgan kunlarini, qadrdon dashtu dalalarda terib olgan lolalarni bir-bir eslaydi. Beixtiyor koʻzlarida yosh milt-milt qiladi, vatan sogʻinchidan yuragi bir xil boʻlib ketadi. Endi uni yot oʻlkada hech narsa ushlab qololmasdi: koʻpchilik orzu qiladigan toj-taxt ham, shon-shuhrat ham, boylik ham koʻziga koʻrinmay qoladi. Qudratli hukmdor zudlik bilan otini egarlaydiyu otayurtiga yoʻl oladi...

Otayurtga cheksiz muhabbat degani — atrofdagi bepoyon dunyodan yuz oʻgirib, bir umr oʻz yurtingdan tashqari chiqmasdan yashash kerak degan ma’noni anglatmaydi. Agar biz qobigʻimizga oʻralashib qolsak, hech qachon har taraflama taraqqiyotga erisha olmaymiz.

Misol uchun, Oʻtror yoki Shakar yoshlari hozir dunyoga sochilib ketganlar. Birlari ta’lim olgani oshiqqan boʻlsa, boshqalari xorijdan kasb-hunar oʻrganib kelish uchun ketganlar. Axir, ota-bobolarimiz: «Yurgan — daryo, oʻtirgan — boʻyra», deb bekorga aytishmagan. Aslida ham shunaqa: kuch-quvvating bor paytda dunyo kezib, ilm olishing, boshqa xalqlar va mamlakatlar hayotini oʻrganishing lozim. Biroq, yer yuzasining qay bir burchagida yurmagin, otayurt sen uchun yagona. U bilan ma’naviy aloqani uzib yubormasang, hayotda munosib oʻrningni yoʻqotmaysan. Chunki, begona yurt, begona havo, begona suv hech qachon Vatan oʻrnini bosolmaydi.

Biz otayurtga son-sanoqsiz koʻzga koʻrinmas rishtalar bilan bogʻlanganmiz. Men sening, har bir insonning oʻz onasidan tashqari, yana toʻrtta onasi — sajdagohi boʻlishi kerak, degan gaplaringga toʻla qoʻshilaman. Vatan ularning eng ulugʻidir.

Ba’zi birovlar men vatansiz yashashim mumkin, ammo vatan mensiz yashay olmaydi, deyishadi. Kalondimoq kishilarning bunday gaplari bizga begona. Aksincha, bobomeros yurtimiz biz boʻlmasak ham gullab-yashnayveradi. Lekin oʻzimiz yurtdan uzilib qolsak aslo yuksaklarga parvoz qilolmaymiz.

Nafsilambirini aytganda, qachonki vatan omon ekan, biz ham omon boʻlamiz!

Olis Yulduz Shu’lasi Yoki Bir Siqim Tuproq

«
Ota-bobolarimizni eslasak, bizni ajib his-tuygʻular chulgʻab oladi. Ular uzoqqa ketmaganlar. Illo, oʻzimiz ham ularning qavatiga kirajakmiz...
Mudom ularni yodlab turish bizning burchimiz, ularning xotirasi oʻzimiz uchun zarur. Ularning mozoriga tashlaganimiz bir siqim tuproq — bizni bogʻlab turgan rishta hisoblanadi.

Chingiz Aytmatov
»
«
Qarab turib tanimaslik — soʻqirmisan, ayt! Anglamaslik ayb emas deb, kimlar aytadi? Tushunishni istamaslik — bu ham jinoyat! Shunday boʻlganmi? Boʻlgan. Hisob-kitob tugamas hali.
Muxtor Shoxonov
»

Aytmatov. Koʻngilsiz voqea. Doim tush koʻryapman. Uzluksiz. Koʻzlarimni yumgan zahotim tush koʻraman. Tong otar-otmas uygʻonib ketamanu nima gunoh qildim ekan, deb oʻylayman.

Koʻpincha tushlarimga buyuk shaxslar kiradi. Ular bilan hech qachon uchrashmagan boʻlsam-da, ammo ular haqda tasavvurga egaman. Ba’zan birorta tirik jonga aytmay yurganim sirlarimni ularga aytib qoʻyaman.

Rostini aysam, moʻ’jizaviy tushlar meni xavotirga solib qoʻydi, hatto doʻxtirga murojaat etdim. Xavotirlanishga hech qanday xojat yoʻq, hammasi joyida, dedilar. Yana koʻzim ilingan zahoti gʻira-shira manzaralar, hodisalar ummoniga shoʻngib ketaveraman.

Shoxonov. Menimcha, u tushlarning oʻziga xos sabablari bor. Sizni sal-pal qoʻrqitib qoʻymoqchiman. Rojer Jelyaznning aytishicha, «tushlar bizni kunduzdan ajratib turadigan harir pardalardir, har bir tush — vaqt qudugʻi». Tushda ruhimiz oʻzini oʻzi poklaydi. Tush koʻrmaydigan odam haqiqiy hayotni ham koʻrmaydi. Tushlar ijod ahliga qilingan tortiq, olam bilan suhbatdir... Ehtimol, asarlaringizdagi sir-sanoat tushlaringiz mahsuli boʻlsa ne ajab?! Balki, Siz tushlaringizni adabiy tilga tarjima qilayotgandirsiz?!

Tush koʻrsangiz, xursand boʻling.

Mana, biz soʻnib ketgan yulduzlar haqida gapiramiz. Soʻngan yulduzlarning eng oxirgi shu’lasi bizga million yillardan keyin yetib keladi.

Odamlar ham shunaqa boʻladi. Foniy dunyo bilan xayrlashib, boqiylikka yuz tutgan koʻpchilik odamlarning xotirasi soʻnmas yulduz misoli yashayveradi. Narigi dunyoga ravona boʻlgan yulduzlar koʻrinmas shu’lasi bilan tushlaringizni nurafshon etib, abadiyatdan darak berib turgan boʻlsa ne ajab?! Kimningdir ushalmay qolgan buyuk armonini, goʻzal orzu-umidlarini, foniy dunyoning oʻnqir-choʻnqirlariga urilib chil-chil singan ulugʻ maqsadlarni roʻyobga chiqarish, balki, Sizning chekingizga tushgandir?! Olislardan kelayotgan kimningdir tovushini eshitib, uni kelajak avlodlarga yetkazish Sizning burchingiz boʻlsa ne ajab?!

Aytmatov. Gaplaring hazil aralash boʻlsa-da, lekin jon bor. «Iliada», «Odissiya» dostonlarining muallifi boʻlmish Gomer toʻgʻrisida Aflotun: «Bu shoir butun Yunonistonning kuychisi», degan edi. Buyuk shoirlar xalqning oʻqituvchilari boʻladilar. Kim bilsin, agar ularning ezgu-niyat yoʻlidagi jonbozliklari bizgacha yetib kelmaganda bormi, taqdirimiz butunlay boshqacha boʻlib ketishi ham mumkin edi.

Agar oʻz davrining yulduzi boʻlgan shaxslar toʻgʻrisida gapiradigan boʻlsak, mening hayot yoʻlimni yoritgan birinchi yorqin yulduz — buyuk yozuvchi Muxtor Avezov edi. Bu voqea shunday boʻlgan.

Men u paytlari Frunzedagi Skryabin nomli qishloq xoʻjalik institutining talabasi edim. Oʻsha paytlarda «Manas» eposi masalasida ilmiy bahs-munozaralar qizgʻin tus oladi. Bizning xalqimiz qahramonlik eposini qirgʻizlarning ulugʻ tarixi sifatida qabul qilgandi. Lekin, oʻsha zamon talablariga koʻra, epos sotsialistik realizm metodining qonun-qoidalariga mos keladimi, degan masala kun tartibiga qalqib chiqqan zahoti koʻpchilik oʻzini chetga tortadi. Nachora, Stalin mafkurasi har qanday asardan boylarni fosh etishni, kambagʻallarning yupun hayotini koʻklarga koʻtarib madh etishni va oxir oqibat ezilgan xalq oʻz hukmdorlariga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarishini talab qilardi.

Koʻpchilik zabardast adabiyotshunoslar e’tikrdi tufayli, boshqalar esa ijtimoiy tuzumning bachkana qonuniyatlariga moslashib, eposni rasmiyatchilik nuqtai nazaridan talqin etishga kirishadilar: Manas — eposning bosh qahramoni, uning otasi Jaqip — xon. Demak, Manas ham oʻsha daraxtning mevasi. Ma’lum boʻlyaptiki, eposda sovet kishisiga yot boʻlgan mafkura tarannum etiladi! Mana shunday ur-yiqit yillarda «Manas» boy-feodallar davrining dostoni degan tushuncha paydo boʻldi. Aslini olganda, bu «Kreml xoʻjasi»ning navbatdagi ahmoqona topshirigʻiga javob edi. Gazeta-jurnal sahifalarida eposni fosh etadigan maqolalar, mulohazalar paydo boʻla boshladi. Ulugʻvor «Manas»ning boshida qora bulutlar toʻplanadi. Endi oxiri yomon boʻlishi mumkin edi.

Ayni oʻsha paytlarda eposni himoya qilib chiqqan halol insonlar ham boʻldi. Biroq, ularning ovozini hech kim eshitmasdi va eshitishni ham istashmasdi.

Jamiyat bu borada hali aniq bir toʻxtamga kelib ulgurmagan bir paytda SSSR Fanlar akademiyasining Qirgʻiziston boʻlimida «Manas»ga bagʻishlangan konferensiya boʻlajagi toʻgʻrisida xabar tarqalib qoldi. Eposning taqdiri shunda hal etilar ekan. Oʻqituvchimizning ma’ruzasini oxirigacha eshitib boʻlishimiz bilanoq biz talaba yoshlar majlis boʻladigan joyga qarab yugurdik. Yanglishmasam, bu voqea 1952 yilning kuzida roʻy berdi. Akademiya binosiga kirish juda qiyin edi. U yerda lim-lim toʻla olomon, koʻpchilik koʻchada toʻplanib turardi. «Manas» taqdiri odamlarni nechogʻlik tashvishga solib qoʻyganini bir koʻrish kerak edi. Hamma nafasini ichiga yutib, «hukm» oʻqilishini sabrsizlik bilan kutmoqda. Men bir ilojini qilib, turtinib-surinib zalga kiriladigan joyga yetib oldim. Eshik yonida turganimcha boʻynimni choʻzib, rayosatda oʻtirgan oʻn-oʻn besh kishini koʻrdim. Rayosat oʻrtasida Qirgʻiziston Kompartiyasi markazqoʻmining birinchi kotibi Ishoq Razzoqov oʻtirardi. Uning oʻng tomonidan Muxtor Avezov joy olgandi. Men u bilan yuzma-yuz uchrashmagan boʻlsam-da, lekin kitoblarida suratlarini koʻp marta koʻrgandim. Yuzlaridan nur yogʻilib turgan bu insondan koʻzlarimni ololmasdim. Birin-ketin minbarga koʻtarilgan notiqlar eposni obdon toptadilar. Avezov qilt etmasdan oʻtirardi. Har bir notiqning soʻzlarini sinchiklab tinglardi. Vaqti-vaqti bilan qoʻl ostidagi varaqqa bir nimalarni qayd etib qoʻyardi.
— «Manas» — bu partiyaning hozirgi siyosatiga yot boʻlgan asar... U oʻz mohiyatiga koʻra bizning jamiyatimizda panturkizm gʻoyasini targʻib qiladi, — dedi partiya adabiyotchisi A. Borovkov.

Bunday xurujni isbotlaydigan birorta dalil-dastak topolmagan notiq butun eposga loy chaplashga kirishib ketdi. Zal xuddi arining uyasi kabi gʻuvillab qoldi. Lekin, oshkora boʻhtonga qarshi e’tiroz bildirishga hech kimning haddi sigʻmadi. Eshikdan tashqarida odamlar norozilik izhor etdilar. Bizning nazarimizda, xalqimiz shu tobda «Manas»dan mahrum boʻlib qoladiganday edi. Qaltis bir vaziyatda Muxtor Avezov salmoqli odim tashlab minbar tomon yoʻl oldi.
— Rostdan ham, «Manas»da boylar va boshqa aslzodalar toʻgʻrisida yaxshi gaplar aytilgan boʻlishi mumkin, — deb oʻz nutqini boshladi u. — Lekin, bu butun boshli bitta xalqning bebaho tarixi, uning qahramonona oʻtmishi, an’analari, ma’naviy merosi, avloddan avlodga oʻtib kelgan buyuk madaniyati, ogʻizdan ogʻizga oʻtib kelgan sof she’riyati hisoblanadi. Vaqt oʻtgan sari kamol topgan, boyitilgan. Qirgʻiz xalqining hayotidan «Manas» yulib olinsa, butun xalqning tilini kesib olgan boʻlamiz. Bizning jamiyatimiz shoshqaloqlikdan qachon qutiladi? Qachongacha sallaning oʻrniga kallani olamiz? — dedi Avezov nutqining oxirida va bir oz sukut saqlagach, Borovkovga nazar tashlab qoʻydi.

Borovkov esa xuddi oʻrdakka oʻxshab boshini yelkalari orasiga yashirib oldi.

Qamrovdor dunyoqarashga ega boʻlgan Avezov jahon adabiyoti tarixining teran bilimdoni sifatida, fikr-mulohazalarini falsafiy nuqtai nazardan kelib chiqqan holda ifodalay olgani uchun, qirgʻiz xalqining ma’naviy boyligini bagʻoyat e’zozlagani uchun zalda ajoyib kayfiyat hukm sura boshladi. U nihoyatda usta notiq edi. Adolat yuzasidan aytganda, Avezovning tarixiy nutqidan keyin «Manas» eposi aksilshoʻraviy asarlarning qora roʻyxatiga kirmay qoldi. Yozuvchining oqilona nutqini Ishoq Razzoqov ham zoʻr qoniqish bilan tinglab, boshi bilan tasdiqlab oʻtirdi. Qirgʻiz eposining bebaho ekanini tushunib oʻtirgan boʻlsa-da, lekin siyosat bilan hisoblashishga majbur edi. U his-tuygʻularini arang jilovlab turardi. Bu hol yaqqol koʻzga tashlanardi. «Manas»ni himoya qilib koʻplab maqolalar yozgan Toshim Boyjiyev oʻsha paytlari qamoqda saklanayotgan boʻlib, koʻpchilikning yuragiga gʻulgʻula tushib qolgani bejiz emasdi.

Tashqaridan odamlarning: «Suyunchi bering, suyunchi! «Manas» saqlab qolindi! Muxtor qani?!» degan qichqiriqlari eshitilgan paytda konferensiya oʻz ishini tamomlagan edi. «Seni tuqqan onangga ham, butun qozoq xalqiga ham ming-ming rahmatlar boʻlsin!» «Aqsarbas!» Koʻzlarida sevinch yoshlari porlab turgan yuzlab odamlar bir-birlarini quchoqlashib qutlashardi. Goʻyo jonli xalq dengizi Akademiya devorlariga urilib, koʻpirmoqda edi.

Shoxonov. Oʻsha paytlarda qozoq xalqining eng yaxshi badiiy asarlari — ertaklari, dostonlari ham qora roʻyxatga tushib, gumdon qilingan edi. Avezovning oʻzi u paytlari ikki yil tutqunliqda yotib chiqib, qamoq qanaqa boʻlishini koʻrib kelgan edi. Ozodlikka chiqqandan keyin ham doim ta’qib ostida yurardi. Aytishlaricha, kunlardan bir kun respublika Davlat Xavfsizligi Qoʻmitasidan notanish ayol telefon qiladi-da: «Bir ilojini topib, shu bugunoq yashirinib oling. Aks holda, kech boʻladi. Sizni qamoqqa olish toʻgʻrisida buyruq tayyorlanyapti», deydi. Oʻsha oqshom yozuvchi yashirincha Moskvaga joʻnab ketadi. Ishonchli odamlar uni ta’qibdan qutqarib qoladilar. Keyinchalik u Moskva Davlat universitetining professori boʻladi.

Aynan Avezovning «Manas» himoyasiga tashlangani, shubhasiz, buyuk fidoiy ekanidan darak berib turibdi. Shunday emasmi?

Aytmatov. Toʻgʻri. Boya aytganimdek, konferensiya zalining ostonasida turib olib, epos uchun ichim achigan edi. Oradan oʻttiz yil oʻtgach, «Manas»ning toʻla nashriga bosh muharrir boʻlaman, soʻzboshi yozaman va xalqaro anjumanlarda u haqda nutq soʻzlayman deb aslo oʻylamagan edim!

Muxtor Avezov bilan uchrashuvim juda qiziq boʻlgan edi. Oʻshandan soʻng uni ustozim deb bildim, oʻzimni unga shogird hisoblardim. U paytlari M. Gorkiy nomidagi Oliy adabiyot bilim yurtida tahsil koʻrardim. Oʻsha kunlari Moskva adabiy doirasida Vladimir Dudinsevning «Qorin dardida yashamaydilar» romani ustida qizgʻin bahs-munozaralar avj olib ketgan edi. Ba’zi birovlar romanni koʻklarga koʻtarib maqtasa, boshqalar loyga qorib tashlardi. Oxir oqibat Adabiyotchilarning markaziy saroyida umumiy yigʻilish oʻtkazishga qaror qilindi. Odatdagidek, rayosatdan nomdor adiblar va mansabdor shaxslar joy oldilar. Shu qadar koʻp odam toʻplandiki, oyoq qoʻygudek boʻsh yer topilmasdi. Kishilar deraza raflariga ham, ostilariga gazeta toʻshab polga ham oʻtirib olishgandi.

Muzokaralar choʻzilib ketadi. Oradan birmuncha vaqt oʻtgach, men eshik tarafga qaradimu Avezovning tanish qiyofasini koʻrib qoldim. Aftidan, u bir oz kechikib kelgan, shekilli. Ravshanki rayosatda oʻtirgan zotlar uni koʻrmasdilar. Koʻrgan taqdirda ham Avezov baribir zalga kira olmasdi. Chunki, u olomon oʻrtasiga tushib qolgan edi. Oldinga ham, orqaga ham siljiy olmasdi.

Nihoyat, tanaffus e’lon qiladilar. Terlab-pishib, boʻgʻriqib ketgan odamlar dimiqqan zalni tezroq tark etish niyatida yoppasiga oʻzlarini eshikka uradilar. Men bir ilojini topib Muxtor ogʻa tomon intildim. Salom-alikdan soʻng u kishiga ikki qoʻlimni choʻzdim.
— Muxtor ogʻa, Sizga joy bor. Yuring, koʻrsatib qoʻyaman, — dedim.

Uni qatordagi oʻz joyimga oʻtqazib qoʻydim.
— Oʻzing kimsan? Qayerdan kelding? — deb soʻradi u ajablanib.

—Qirgʻizistondan kelganman. Shu yerda Adabiyot institutida oʻqiyman, — deb javob qaytardim.

—Shunaqami! — dedi Avezov hayrat aralash — Endi hammasi tushunarli. Rahmat, aynalayin! — Yuzlari kulgudan yashnab ketdi. — Baxtli boʻl!

Menga bundan ortiq olqish kerak emasdi. Bizning birinchi uchrashuvimiz shu tarzda kechadi. Oʻsha uchra-shuv umrbod xotiramda saqlanib qoldi.

Sen oʻzing Avezov bilan uchrashganmisan? Aytmoq-chi, u vafot etgan kezlari sen hali yosh eding.

Shoxonov. Aytish mumkinki, mening omadim bor ekan. Yozuvchining oʻlimidan sal oldin Chimkentdagi qoʻrgʻoshin zavodining Madaniyat saroyida «Abay yoʻli» epopeyasiga bagʻishlangan kitobxonlar konferensiyasi boʻladi. Anjuman ikki kun davom etadi. Olmaotadan yetib kelgan Muxtor ogʻa anjumanda shaxsan qatnashadi. U paytlari Mamatbek Qoldiboyev viloyatimizda xiyla nom qozongan shoir edi. Oʻsha uchrashuvga taklifnoma topib beradi. Birinchi marta dongʻi dunyoga ketgan yozuvchini oʻshanda koʻrganman. Biz yoshlar uning har bir xatti-harakatini zimdan kuzatardik. Qanday gapiradi, qanday yuradi — hammasi diqqatimizni tortardi. U xursand boʻlib ketgan chogʻlarida burnining uchini chimdib-chimdib qoʻyardi. Egnida kulrang kostyum bor edi. Kitoblaridagi suratlariga nisbatan xiyla ozgʻin koʻrinardi. Bukchayib qolgandi. Ehtimol, «Abay yoʻli»dan keyin yoza boshlagani «Navqiron qabila» nomli yangi asari uni charchatib qoʻygan boʻlishi mumkin...

Konferensiya tamom boʻlgan zahoti biz yozuvchidan dastxat olish uchun navbatga turdik. Juda koʻp shinavandalar toʻplandi, hammaning qoʻlida Avezovning kitobi bor edi. Asta surilib, nihoyat, yozuvchining roʻparasiga yetib bordim. Oʻsha chogʻlari «Abay yoʻli» va «Yenlik-Kebek» asarlaridan bir necha parchani yoddan bilardim. Oʻzim sevgan parchalarni Avezovga oʻqib berishni juda istardim-u, ammo jur’atsizlik qildim. Uyaldim. Boz ustiga, orqamdan navbatda turgan kitobxonlar qistalang qilishardi.
— Oʻgʻlim, isming nima? — deb soʻradi Avezov. U men uzatgan kitobning birinchi varagʻini ochadi.
— Muxtor.

«Kitobingizni oʻqigandan soʻng otam menga sizning ismingizni qoʻygan ekan», demoqchi boʻldim-u, lekin uyalganimdan tilim kalimaga kelmasdi.

Yozuvchi menga qandaydir erkalatuvchan nazar solib, boshini qimirlatib qoʻydi. Sung kitobning ichki muqovasiga: «Muxtor degan bolaga Muxtor degan boboydan ezgu xotira boʻlib qolsin», deb aji-buji dastxat bitib berdi.

Shu tarzda men buyuk soʻz san’atkori bilan birinchi va oxirgi marta uchrashganman.

Esimda, Chimkent pedagogika institutida sirtdan tahsil olib yurgan vaqtimda Odil Yermekov degan oʻqituvchimiz boʻlardi. Ajablanadigan joyi shundaki, u Muxtor Avezovning «Abay yoʻli» epopeyasini boshdan oxirigacha yoddan bilardi. Xotirasining zoʻrligi jihatidan mashhur qirgʻiz manaschi-baxshi Sayoqboy Qoralayevga oʻxshardi. Chike, u Sizning «Momo yer» asaringizdan ham koʻpincha butun boshli monologlarni yoddan oʻqirdi. Mening dastlabki she’rlarimni ham yoddan bilardi-yu, lekin oʻzining uslubiga moslab oʻqirdi. Bir gal oʻsha oʻqituvchim oʻz hayotida roʻy bergan qiziq voqeani soʻylab bergan edi.

Navbatdagi roman ustida ish boshlagan Avezov umrining oxirlarida Qozogʻistonning janubiy viloyatlariga tez-tez safar qiladi. Oʻshanday safarlarning birida Odil Yermekov yozuvchi bilan bitta guruhga tushib qoladi. Har xil mavzularda suhbatlashadilar-da, birdan Avezov talabalik yillarida roʻy bergan bir voqeani eslaydi. Bir vaqtlar u Qonish Satpayev bilan birgalikda Leningradda oʻqigan ekan. Ajoyib kunlarning birida loʻli ayol ikkoviga fol ochadi. Satpayevning kaftiga qarab:
— Hayotingda juda koʻp qiyinchiliklarga duch kelasan. Ammo, barcha mushkulotni yengib oʻtib, dongdor olim boʻlasan, — deydi loʻli ayol.

Keyin loʻli ayol Avezovning qoʻlini ushlaydi-da, kaftiga tikilgancha oʻylanib qoladi.

—Sen ham katta odam boʻlasan, — deydi sukunatdan soʻng. — Shon-shuhrating dunyoga yoyiladi. Biroq, hayot yoʻling nihoyatda ogʻir, oʻnqir-choʻnqir boʻladi. Ulugʻ martabaga sazovor boʻlguningcha bir necha marta oʻlimga chap berasan, mislsiz azob-uqubatlarni boshingdan kechirasan. Uch marta uylanasan. Ajaling pichoq timsolida keladi.

—Haqiqatan ham, hayot yoʻlim oʻnqir-choʻnqir boʻldi, — deydi oʻshanda Avezov atrofini qurshab olgan tinglovchilarga. — Dolgʻali yillarda «xalq dushmani» sifatida otilib ketishim ham mumkin edi. Tasodif tufayli bir oʻlimdan qoldim. Folbin aytgan shon-shuhratga ma’lum ma’noda erishdim. Bundan tashqari, uch marta uylanishim borasidagi karomati ham toʻgʻri chiqdi. Keyingi yillarda pichoq timsolida ajalingni topasan degan gap kaminaga tinchlik bermay qoʻydi. Kechalari yolgʻiz yurmaslikka harakat qilaman, uyga ertaroq qaytaman.

Chike, Avezov Kreml kasalxonasida operatsiya ostida yotgan paytida vafot etadi. Demak, folbinning aytganlari toʻgʻri chiqibdi-da?

Aytmatov. Men oxirgi marta 1961 yili «Moskva» mehmonxonasida Avezov bilan uchrashganman. U kasalxonaga yotmoqchi boʻlib yurgan ekan. Juda xushchaqchaq edi. Uydan keltirilgan qazi-qarta dasturxonga qoʻyildi, birgalashib choy damladik. Keyin xudli ota-boladek shoshilmasdan chin yurakdan suhbat boshladik. Yarim kechagacha oʻtiribmiz.
— «Kunsevka» kasalxonasida davolanish uchun keldim, — dedi. — Doʻxtirlarning aytishicha, oʻsimta zararli emas ekan. Lekin, kuchim bor vaqtimda undan qutilib olishim kerak. Keksayganimdan soʻng qiyin boʻladi.

Agar men oʻshanda Avezov bilan oxirgi marta bir dasturxon tevaragida oʻtirganimni, u oxirgi marta menga ezgu tilaklarini izhor etganini bilganimda bormi!.. Ertasi kuni hech narsani xayolimga keltirmasdan Frunzega uchib ketdim.

Shoxonov. Bilasizmi, Moskvaga safarga kelgan fransuz yozuvchisi Lui Aragonni Muxtor ogʻa dasturxon yozib mehmon qilgan ekan?

Aytmatov. Qaydam. Lekin ular juda yaqin doʻstona aloqada boʻlganini yaxshi bilaman.

Shoxonov. Shundoq. Ma’lumki, Avezov kelishgan, keng yagʻrinli, koʻzga yaqin erkak edi. Ziyofatga Dinmuhammad Qunayev bilan Qonish Satpoyevlar ham taklif qilinadi. Ikkovi ham kelishgan, barvasta kishilar edi. Boz ustiga, ularning yonida yana bitta novcha yigit bor ekan. Lui Aragon sharqona qiyofali toʻrt kishiga tikilib toʻymaydi. Ularning kamtarona munosabatlaridan toʻlqinlanib:

—Aytinglar-chi, hamma qozoqlar sizlarga oʻxshagan novchami? — deb soʻraydi.

—Boʻlmasam-chi, hamma novcha, mendan pakanasini topolmaysiz, — deb javob beradi Muxtor ogʻa hazil aralash.

Aftidan, Aragon hazilni chin oʻrnida qabul qiladiyu hayrati battar avj oladi. Shu payt eshik ochilib xonaga pak-pakana odamcha kirib keladi. Bu kimsa oʻsha paytlari respublika mafkurasini boshqarardi va foydasidan koʻra, zarari koʻproq edi.
— Bunisi istisno, — deb izoh beradi Avezov chaqirilmagan mehmonga ishora qilib.

Chike, xayolimga yana bir fikr kelib qoldi. Avezovning mashhur «Abay yoʻli» kitobini fransuz tiliga tarjima qilgan Lui Aragon shu bahonada Sizning asarlaringiz bilan qiziqib qolgan boʻlishi mumkin. Darvoqe, Qirgʻiziston xalq yozuvchisi Joʻnay Mavlonov ham oʻz xotiralarida mana shunday fikrni tasdiqlaydi: «Issiqkoʻl sohilidagi keng-moʻl chorbogʻda yozuvchilar uchrashuvi boʻladi. Bir oqshom adabiyot toʻgʻrisida gap ketadi. Bizning faxriy mehmonimiz boʻlgan Muxtor Avezov gapini birdaniga Aytmatovdan boshladi:

«Hozir Oʻrta Osiyoda ham, Qozogʻistonda ham, umuman, Sovet Ittifoqida Chingizga teng keladigan yozuvchi yoʻq. Bilasiz, men Lenin va Davlat mukofotlari qoʻmitasining a’zosiman. Kamina koʻklarga koʻtarilib maqtalgan koʻplab asarlarni oʻqiganman. Lekin, ularning birortasi ham «Jamila» bilan bahslasha olmaydi! Bu haqda bir necha marta gapirganman. Mening fransuz doʻstim Lui Aragon ham Chingizning asarlariga juda yuksak baho berdi. Qadim zamonlardan buyon qirgʻizlar Olatovdan to Issiqkoʻlgacha boʻlgan bepoyon sarhadlarda qozoqlar bilan baqamti yashaganlar. Ularning yaylovlari ham, tarixiy taraqqiyoti ham, tillari ham, dunyoqarashi ham bir. Oʻylaymanki, endi Chingizni ikki xalqning farzandi deyishimiz mumkin. U bilan birgalikda faxrlanamiz, iste’dodiga hasad qilmaymiz. Tuf-tuf, ishqilib, koʻz tegmasin!» deb hazil aralash soʻzini yakunlaydi Avezov».

Aytmatov. «Jamila» bosmadan chiqishi bilanoq «Literaturnaya gazeta»da e’lon qilingan muxtasar maqola hali-hali yodimda turibdi. Avezov unda bagʻoyat samimiy mulohazalarini bayon etgandi. Bu ulugʻ nosirning oq fotihasi edi. Oʻsha paytlari ustozim oldida qarzdor ekanimni teran his qildim. Undan keyin markaziy matbuotda «Tuyakoʻz» nomli hikoyam e’lon qilindi. Darhol Avezov menga Olmaotadan telegramma joʻnatdi: «Chingiz, asaringni oʻqidim. Juda ma’qul boʻldi. Bagʻoyat xursandman. Mana shu ruhda davom etaver!» deyilgandi. Oʻsha telegrammani hozirgacha oʻz arxivimda koʻz qorachigʻiday asrab yuraman.

Oltmishinchi yillarning boshlarida Muxtor Avezov Frunzega tashrif buyurdi. Men uni mehmondorchilikka chaqirdim. Uyimizga buyuk yozuvchi mehmonga kelayotganini eshitib, onam sarosimaga tushib qoldi. Uyni yaxshilab tartibga keltirdilar. Toʻriga yumshoq koʻrpachalarni toʻshab qoʻydilar. Dasturxon tuzadilar, tansiq taomlar, meva-chevalar toʻkib tashlandi. Toʻngich oʻgʻlim Sanjar dasturxonda turgan yirik olmalarni koʻrishi bilan ularni yashirincha bittalab koʻchaga tashiy boshladi. Oʻzi toʻygunicha yeb, qolganlarini qoʻshni bolalarga udashadi. Albatta, buvisi uni «jinoyat ustida» qoʻlga tushiradi.
— Oy-bay! Axir, u hamma olmani tashib tugatibdi-ku! Endi mehmonlarga nima deyman? — deb oh-voh qilgancha shoʻx nevarasining qulogʻidan choʻzib, eshik tomon yoʻnaladi. Shu payt eshik ochiladiyu ichkariga Muxtor ogʻa kirib qoladi.

U chin koʻnguldan kula-kula:
— Parvo qilmang, axir bola shunaqa boʻladi-da! — deydi. Soʻng, onamning qoʻlidan ushlaydiyu shumtakani buvisining jazosidan qutqaradi.

Biz oʻshanda manaschi Sayoqboy Qoralayev bilan devordarmiyon qoʻshni boʻlib yashardik. U Muxtor ogʻaning eski qadrdonlaridan biri edi. Ikki soʻz ustasining uchrashuvi uzoq davom etgan oqilona suhbatlarga ulanib ketdi. Oqshom davomida men ularning gap-soʻzlarini jonqulogʻim bilan tinglab oʻtirdim.

Ziyofat oʻrtalarida mehmonlar toza havodan nafas olib qaytishga qaror qildilar. Eshik tomon ketayotgan Muxtor ogʻa birdan oʻzi oʻtirgan oʻringa onam kenja nevarasi Asqarni yumalatib olayotganini koʻrib qoldi.
— Nima qilayapsiz? — deb soʻradi hayron boʻlib.
— Azizim, bu yaxshilik alomatini bildiradigan irim-sirim. Mening pandavaqi nevaram ham xuddi Siz kabi hamma odamlar hurmat qiladigan inson boʻlib yetishsin, iloyim!

Muxtor ogʻa kulumsirab, boshini silkitib qoʻydi.

Shoxonov. Eshitishimcha, Avezov bir gal Sayoqboy Qoralayevni oʻz mashinasiga oʻtqazib, Olmaotaga — Qozogʻiston Davlat universitetining talabalari bilan uchrashuvga maxsus olib borgan ekan.
— Qirgʻizlar bilan qozoqlarning soʻnggi mogikanlaridan birini koʻrib qoʻyinglar, eshitinglar! — degan ekan Avezov mehmonni tanishtirib.

Yozuvchi umrining soʻnggi yillarida Issiqkoʻldagi chorbogʻiga tez-tez kelib, boʻlajak yirik romaniga xom ashyo toʻplaganini koʻpchilik bilmaydi. Oʻsha asarda Manas, Sayoqboy, Boʻltirik polvon oʻz aksini topishi kerak edi. Biroq, taqdir taqozosi bilan yozuvchining orzu-umidlari roʻyobga chiqmay qoladi. Roman yozilmaydi.

«Jalin» jurnalining bosh muharriri lavozimida ishlab yurgan kezlarim Lui Aragonning oʻgay oʻgʻli Jan Rist mehmon boʻlib keldi. Biz Olmaota yaqinidagi goʻzal maskanlarda uzoq-uzoq sayr qildik, suhbatlashdik. Jan bir necha marta aytdiki, Lui Aragon umrining oxirigacha Sizni XX asrning yorqin hodisasi deb bilgan ekan, nomingizni hurmat-ehtirom bilan tilga olarkan. Siz ham ustozingiz oldidagi burchin-gizni ado etdingiz. Lui Aragon vafotidan soʻng u haqda ajoyib maqola yozdingiz, Parijga maxsus safar qilib, uning qabrini ziyorat qildingiz. Bundan tashqari, Sizning beqiyos kuch-gʻayratingiz va obroʻ-e’tiboringiz tufayli mustabid tuzum sharoitida «NovÑ‹y mir» jurnalida Avezovning «Ogʻir yil» qissasi chop etildi. Gʻoyaviy jihatdan yaroqsiz hisoblangan bu asar xalqqa qaytarildi. Oʻsha sa’y-harakatingiz qozoq xalqi oʻrtasidagi hurmatingizni yanada oshirib yubordi.

Chike, shu kunlarda katta muvaffaqiyatlarga erishgan, lekin shu martabaga yetishi uchun yordam bergan zotlarni butunlay unutib yuborgan kimsalar ham oramizda yoʻq emas. Sizga bunday kalondimoqlik mutloq yot xususiyatdir.

Hozir oʻzingiz aytgan soʻzlarni eslatib oʻtmoqchiman: «Qachonki xorijiy oʻlkalarga safarga otlansam, oʻzim bilan «Manas»ni va Muxtor Avezov kitoblarini birga olib ketaman. Agar mendan: «Qozoqmisiz yoki qirgʻizmi?» deb soʻrab qolsalar, avvalo, bu qoʻshaloq milliy boyligimiz toʻgʻrisida gapiraman. Ular mening xalqimning timsollaridir», degan edingiz. Menimcha, bu iqrornomangiz yuqorida aytilgan soʻzlarni isbotlab turibdi.

Aytmatov. Yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarish kerak deb hisoblayman. Bu tabiiy hol. Aslida, men haligacha boʻynimdagi qarzimning yuzdan bir qismini ham qaytarganim yoʻq.

Shoxonov. Qozogʻiston Respublikasining elchisi sifatida Qirgʻizistonning aziz tuprogʻiga qadam qoʻygan chogʻimda ba’zan afsuslandim.

Aytmatov. Nega afsuslanasan?

Shoxonov. Sayoqboy Qoralayev bilan uchrasha olmaganim uchun afsuslandim, T. Oʻqayev, B. Shamshiyev, M. Ubukeevlar tomonidan suratga olingan hujjatli filmlarda «Manas» ijrochisining san’atidan koʻp marta bahramand boʻlganman. Doston voqealarining oʻzgarishiga monand ravishda baxshining tovushi, ohangi, ifoda yoʻsini ham, xatti-harakatlari ham oʻzgarib borardi. Gohida shu qadar toʻlqinlanib ketardiki, koʻzlarimdan yoshlar oqayotganini oʻzim bilmay qolardim. Yuragimni hovuchlab buyuk manaschining qabrini ziyorat qildim. Biz erta vafot etgan shoir doʻstim Joʻlon Mamitovning umr yoʻldoshi Mendi va ularning farzandlari Oykoʻrim, Azamat hamda Qonshaimlar bilan birgalikda mozorga borgan edik. Manaschining ruhiga atab tilovat qilganimdan soʻng, yodgorlik poyiga gulchambar qoʻydim.

XX asrning noyob hodisasi Sizning xotirangizda qanday iz qoldirgan?

Aytmatov. Esimda, taqdir taqozosiga koʻra, biz Qoralayev bilan Chuy viloyatining bitta xoʻjaligiga birga borganmiz. Bu voqeaga koʻp boʻldi. Qoralayev tashrif buyurgani toʻgʻrisidagi xabar yashin tezligida atrofga tarqaladi. Togʻ etaklarida joylashgan yaylovlardan, fermalardan olomon yopirilib kelaveradi. Kim mashinada, kim traktorda, kim yayov keladi. Manaschini eshitishni istagan shinavandalar shu qadar koʻpayib ketdi-ki, ularning yarmi ham klubga sigʻmadi. Qolganlar tashqarida tik turdilar. Bunday ahvolni koʻrgan Qoralayev «Manas»ni ochiq havoda, muxlislari davrasida ijro etishga qaror qildi.

Sayoqboy boʻsagʻa zinapoyasiga oʻrnashib oʻtirdi. Muxlislarning koʻpchiligi esa yerga chordona qurib oʻtirdilar. Kimlardir mashina ustiga chiqib oddilar, boshqalar ot egaridan tushmadilar. Bolalar daraxtlarga chiqib ketdilar. Xalq nafasini ichiga yutib, manaschini jon qulogʻi bilan tinglay boshladi.

Bu orada ufqda bulut paydo boʻldiyu biz tomon shitob yaqinlashaverdi. Huv naridagi choʻqqini qop-qora bulut qopladi. Birdan ustimizga jala quyib yubordi. Lekin, xuddi jala bilan musobaqa oʻynayotgandek manaschi oʻz dostonini avj pardalarda davom ettiraveradi. Albatta, bu uchrashuvga kiyib kelgan yap-yangi kostyumim jiqqa hoʻl boʻlib qolishini zinhor istamasdim. Men oʻrnimdan qoʻzgʻolib, klub ayvoni ostida jala oʻtib ketishini poylab turdim. Qarasam, mendan boshqa hech kim joyidan qoʻzgʻolmayapti. Juda noqulay ahvolga tushib, eski joyimga qaytib bordim. Jala tinmadi. Lekin, manaschi kuylashdan toʻxtamaguncha birov joyidan jilmadi.

Oʻshandan ilgari ham bitta voqea roʻy bergan edi.

Xotiramdan sira oʻchmaydi. 1959 yili Moskvada oʻqishimni tamomlab, oʻz yurtimga qaytdim. Bir kuni partiya maktabining tinglovchilari koʻzga koʻringan qirgʻiz oqinlarini, manaschilarini uchrashuvga taklif etadilar. Taklif etilgan oqinlar orasida Sayoqboy Qoralayev bilan Haromoʻldi Oʻrozov ham bor edi. Tinglovchilar faqat qirgʻizlar emas, ular safida ruslar, nemislar va boshqa millatlarning vakillari ham bor edi. Mehmonlardan hech birovi qirgʻizcha gapirishni bilmasdi. Taqdir taqozosi bilan kamina tarjimonlik qildim. Navbat Sayoqboyga yetib keldi.

—Necha yoshingizdan «Manas»ni ijro eta boshlagansiz? Birinchi ustozingiz kim boʻlgan? — degan savollar har tomondan yogʻilib ketdi.

—Koʻp yillar muqaddam, bolalik paytimda qoʻy boqib yursam shunaqayam uyqum keldiki, bir pas maysa ustida yonboshladim. Koʻzim ilindi, — deb hikoya boshlagandi Sayoqboy. — Tushdan keyingi soat beshlar chamasi ot tuyogʻi tovushini eshitib, uygʻonib ketdim. Koʻzlarimni ochib mundoq qarasam, quyosh nurida yalt-yalt etib tovlanayotgan nayzasini boshi uzra azod koʻtargan barvasta chavandoz men tarafga argʻumoqni uchirib kelayotir. Tulporning koʻzlari chaqnardi, shishib ketgan burun teshiklaridan bugʻ chiqardi. Yonimga yetib kelgach, chavandoz shoshmasdan egardan tushdi. «Hoy bola, bu yerda nima qilyapsan?» deb soʻradi. «Koʻrmaysizmi, uxlab qolibman», dedim. «Senga baxt kulib boqadi. Shu bugundan e’tiboran doim «Manas»ni kuylab yurasan. Shon-shuhratga burkanasan. Qani, ogʻzingni ochgin!» dedi chavandoz. Ogʻzimni ochishim bilanoq notanish kimsa ochiq joyimga siyib yubordi. Oppoq koʻpik javohir misoli ogʻzimga toʻldi, nafasim qaytdi... Es-hushimni yigʻib olgunimcha chavandoz gʻoyib boʻldi. Goʻyo u umuman boʻlmaganday edi. Nazarimda, Xoʻja Xizrni uchratgan edim. Oʻshandan buyon «Manas»ni kuylayman...

Qoralayev hikoya qilaverdi. Men peshma-pesh uning soʻzlarini tarjima qilib turdim. Boyagi nozik joyga yetganimda esankirab qoldim; nima qilishni bilmasdim. Soʻzma-soʻz tarjima qilay desam, noqulay. Tinglovchilar orasida ayollar ham bor edi. Ustiga ustak, boshqa millat vakillari «arvoh», «Xizr» degan atamalarni tushunmasligi mumkin edi.

Xullas, esim joyiga kelgach, boyagi parchani: «Notanish kimsa ogʻzimga tupurib qoʻydi», deb tarjima qildim. Ammo, mana shunday beozor tarjima ham zalda gʻala-gʻovur koʻtarilishiga sabab boʻldi.

Oʻshandan beri oradan koʻp yillar oʻtdi. Biroq, oʻsha voqea toʻgʻrisida birovga miq etib ogʻiz ochganim yoʻq. Yaqinda Belgiyada oʻtgan uchrashuvlarimning birida Qoralayev toʻgʻrisida gap ochilib qolgan edi, oʻsha voqeani soʻylab berdim.
— Nega shu paytgacha bu haqda indamay keldingiz? Axir, hikoyaning eng zoʻr joyi shu ekan-ku! — deyishdi tinglovchilar.

Shoxonov. Dunyo xalqlarining ogʻzaki ijodida juda koʻp ajoyib eposlar, lirik-nasriy ertaklar, hikoyalar bor. Lekin qamrovi jihatidan «Manas»ga teng keladigan bitta ham asar yoʻq. Agar «Iliada» bilan «Odissiya» qoʻshilsa, ikkovining hajmi ham «Manas»dan yigirma barobar kichik boʻladi. Hind xalqining faxri boʻlmish «Mohobhorot» esa qirgʻizlarning eposidan ikki yarim barobar ixcham.

Ma’lumki, gʻirt savodsiz boʻlgan qirgʻizlarning buyuk oqinlari olti oy mobaynida eposni tinimsiz kuylagan boʻlsalar-da, lekin baribir oxiriga yetkaza olmaganlar. Bu moʻ’jiza. Inson xotirasi shuncha narsani yodda saqlab qolishi mumkinligini tasavvurga ham sigʻdirib boʻlmaydi.

Baxtga qarshi, «Manas»ni kuylab oʻtgan barcha qadimiy oqinlarning nomlari tarixda qolmagan. Ehtimol, «Manas»ni kuylab oʻtish milliy an’ana boʻlgani tufayli, eposni har bir kishi bilishi va avloddan avlodga qoldirishi ham qarz, ham farz boʻlgani uchun oqinlarning nomlari tarixda qolmagandir?! Keyingi asrda qirqdan ortiq ajoyib manaschi oʻtdi. Ular orasida eng ulugʻi va betimsoli Sogʻimboy Oʻrozboqov edi. U 1930 yilda oltmish uch (paygʻambar yoshida) yoshida vafot etadi. Xalq ogʻzaki ijodining qadrini biladigan kishilar oqinning ogʻzidan bir yuzu sakson ming misra eposni yozib olishga ulgurganlar. Bu bir nechta Qalin jildni tashkil etgan. U zamonlari magnitofon yoʻq edi. Shu bois butun borligi bilan epos voqealariga shoʻngʻib ketgan oqinni toʻxtatib, aytganlarini shundoqligicha qogʻozga tushirishga toʻgʻri kelardi.

Oqin uchun bundan ortiq jazo boʻlmasdi! Tasavvur etingki, sahro boʻylab oʻqday uchib borayotgan yoʻrgʻa birdan toʻxtatiladi va u parvozning halovatidan mahrum etiladi.

Aytishlaricha, Sogʻimboyning shunchalar jahli chiqib ketarkanki, alam qilganidan yorilib ketishiga bir bahya qolarkan.

Kezi kelganda biz Baliq, Keldibek, Toʻgʻaloq Mulla, Mullabosan, Jusup Mamay, Seydana kabi qirgʻiz xalqining ajoyib farzandlariga va zamonlar oʻrtasidagi oʻsha rishtani saqlab qolgan barcha insonlarga kelajak avlod nomidan cheksiz minnatdorlik izhor qilishimiz lozim. Masalan, Toʻgʻaloq Mulla (1860—1942) faqat «Manasni kuylabgina qolmasdan, balki uni qogʻozga yozib ham qoldirgan. Uning asil ismi sharifi Boyimbet boʻlib, yoshlik chogʻidayoq savodxon boʻlgani uchun ovuldoshlari uni «Mulla» deb ulugʻlaydilar. Boʻyi past, miqti boʻlgani sababli «Toʻgʻaloq» laqabini olgan. Keyinchalik mana shu nom bilan mashhur boʻlib ketadi.

Bir kuni ishxonamga yoshgina ayol izlab bordi. Ismi Bermet Jusupjonova ekan. Qirgʻizistonning Norin viloyatidagi Oqtol tumaniga qarashli Qurut qishlogʻidan huzurimga ataylab Mulla Toʻgʻaloq qoʻlyozmasini kaminaga topshirish uchun kelibdi. Oqin arab imlosida eposni qogʻozga tushirgan ekan.

Yuragim hapriqib, qirgʻiz adabiyotining oqsoqolidan qolgan merosni qoʻlimga olib, darhol koʻz yugurtirib koʻrdim. Bu oqinning shaxsan oʻzi aytib yurgan «Manas»ning qoʻlyozmasi edi.

—Qoʻlyozmani nima uchun Milliy Fanlar akademiyasiga topshirmadingiz? — deb soʻradim ayoldan.

—Oʻz vaqtida Choʻqon Valixonov bilan Muxtor Avezovlar manasshunoslik fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshganlar. Qozoq xalqining boshqa farzanddari ham bu jabhaga munosib ulush qoʻshgan. Buni «Manas» oʻz hayotining bir qismiga aylanib qolgan insonlarga, shaxsan Sizga mening hurmatim sifatida qabul qilishingizni soʻrayman. Qoʻlyozmani nima qilish — shaxsan oʻzingizning ishingiz. Men uni ishonchli qoʻllarga topshirib, oʻz burchimni ado etdim, — dedi ayol.

Mana, endi oʻsha qoʻlyozmani tantanali ravishda Qirgʻiziston Milliy Fanlar akademiyasiga topshirmoqchiman.

Aytmatov. Oʻylaymanki, bu qirgʻiz xalqi nomidan senga bildirilgan ishonch belgisi. Senga oʻz farzandlariday ishonadilar. Afsuski, hozirgacha xalq ogʻzaki ijodining bebaho namunalari bir butun holida toʻplangan emas.

Shoxonov. Boya aytib oʻtganimizdek, Sayoqboy Qoralayev oʻz davrining buyuk oqini edi. Yana bir ajoyib madaniyat namoyandasi, Asqar Akayev iborasi bilan aytganda, «qirgʻizlarning Mikelanjelosi» — Turgʻunboy Sodiqov ham xalqning hurmat-e’tiboriga sazovor boʻldi. Yaqinda men unga Qozogʻiston Respublikasining Prezidenti Nursulton Nazarboyev nomidan faxriy mukofot — «Parasat» ordenini topshirdim. Aytmoqchi, Turgʻunboy ogʻa qanday qilib Sayoqboyning haykalini yaratganini menga hikoya qilib bergandi.
— Yetmishinchi yillarda haykallar majmuini yaratishni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻydim. Oʻrtada Manasning ulugʻvor haykali turishi kerak edi. Uning ikki yonidan buyuk manaschilarning haykallari joy olardi. Oʻsha kunlari Sayoqboy Qoralayev bilan uchrashib qoldim. Uning timsolini marmarga haqqoniy koʻchirish niyatida goh uyida, goh koʻcha-koʻyda sayr etib uzoq suhbatlashdim. Vaqt oʻtib borardi. Lekin, ijod qilishim uchun zarur boʻlgan ilhom parisini hech ushlay olmasdim. Qoʻlimni yuvib, qoʻltigʻimga artib qoʻymoqchi ham boʻldim. Oʻrta boʻyli, kamtarin oqsoqolning nusxasini toshga koʻchirib qoʻygan bilan hech narsaga erishib boʻlmasdi. «Sayoqboy ogʻa, iltimos, «Manas»ni aytib bering», deb soʻradim oxiri hammasi jonimdan oʻtib ketgach. Oʻ-oʻ, moʻ’jiza! Dostonni boshladiyu manaschi koʻz oʻngimda oʻzgardi-qoldi. Kamsuqum, kamtarin choldan nom-nishon qolmadi. Dostonga singib borgani sari koʻzlaridan olov porlaydi, yelkalari silkinib turardi, qoʻllari qanot boʻlib havoda parvoz etardi. Manasning Qoʻnirboy bilan jang qilgani toʻgʻrisidagi sahnani aytayotib, Sayoqboy shu darajada jazavaga tushdiki, jang boʻroni hozir meni ham oʻz domiga tortib kesa kerak deb oʻyladim. Nafasimni ichimga yutganimcha manaschiga qarab baqrayib qoldim: u koʻzlari yoshlangancha goh keksa Baqay, goh Sirchaqa va Olmambeka, gohida Shuaka va Yerkoʻkcha timsoliga kirib toʻlqinlanib kuylardi. Menga aynan shunisi kerak edi. Fursatdan foydalanib, darhol qogʻozni qoralab qoʻydim».

«Manas»ni kuylayotgan oqin haykali his-hayajon tugʻyon urgan bir alfozda quyoshga yuz tutib, qirgʻiz kengliklarini quchmoqchidek qulochlarini ikki tomon yozib turibdi. Haykal Bishkekdagi Toʻxtagʻul nomidagi Davlat filarmoniyasi roʻparasiga oʻrnatilgan.

Chike, qirgʻizlarda ham, qozoqlarda ham ulugʻ zotlar koʻp oʻtgan. Ogʻzaki ijodning ulkan namoyandalaridan biri Jambul Jabayevdir. Qirgʻizlar va qozoqlar oʻrtasida mashhur boʻlgan Jambul umrining oxirgi toʻqqiz yili davrida shon-shuhrat choʻqqisiga koʻtarildi. Uni «XX asr Gomeri» deb atadilar.

Aytmatov. Ha, oddiy hayotda ham, madaniyat jabhasida ham Jambul noyob hodisa edi.

Shoxonov. Toʻgʻri aytasiz. Hozir men Sizga bitta qiziq voqeani soʻylab beraman. 1938 yili gurjilarning ulugʻ shoiri Shota Rustavelining «Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon» dostonining 750 yilligi nishonlanadi. Tantanali marosimda Jambul boshchiligidagi Qozogʻiston adabiyoti va madaniyatining bir guruh namoyandalari ham ishtirok etadilar. Safar chogʻi toʻqson ikki yashar Jambulning oʻtkir koʻzlari goʻzal gurji qiziga tushib qoladi. Xushbichim, sarvqomat, qayrilma qosh, jon olgʻuvchi qiz bir qarashdayoq oqsoqolning qalbini rom etadi.

Aytmatov. Obbo, azamat-ey!

Shoxonov. Oʻsha voqea munosabati bilan bitta she’r yozganman.

Yoshmidi, qarimi — koʻngul-da, koʻngul,
Goʻzallik poyida yurar dovdirab.
Gurjiston yerida yuz yoshli Jambul
Yoshgina qizchaga turar jovdirab.
—Yillarning zahmati choʻktirmabdi tiz,
Shunday boʻlar xalqning asil botiri,
Goʻzallik dargohi, dedi, oʻ cheksiz, —
Hasad yo zavk bilan oʻris shoiri...
Yosh nima? Gar koʻngul gulday yashnasa
Yillar ne? Qalbingda tulpor kishnasa.
Goʻzallik urmasa jismingda tugʻyon,
Demak, sen qaribsan, xoribsan nodon.
Zaminda tursa-da, somon yoʻliga
Iz solmoq koʻyida yurganlar kammi?
Oʻttizda oʻtinga aylangan ayol,
Qirqida qirqimga kirganlar kammi?
Shod oʻlgin, goʻzallik istabdi koʻngul,
Qanchalik keksasan, aysin mamlakat:
Qarilik — nochorlik, lek keksa dil
Yigitlar keltirmas hech bir barakat.
Tong chogʻi goʻzallik suyidan koʻzi
Suv ichgan manov chol — baxtiyor inson!
Hiylalar ishlatma keksa deb oʻzing,
Yillarga toʻnkama, yillar bir imkon.
Va yillar, huv anov, misli bir gʻaram,
Keksalik mezoni boʻlolmas hech dam.

Aytmatov. Shubhasiz, Jambul juda yaxshi qarigan kamyob oqsoqollar sirasiga kirardi. U noyob iste’dod sohibi. Yoshlik ruhini saqlab qolish ham katta san’at hisoblanadi. Albatta, boyagi romantik voqeani afsona shaklida talqin qilmoq lozim — bunda xayoliy chang-toʻzon koʻproq. Aslida, topqirlik xuddi shunday boʻlishi kerak.
Sir emas, kechagi mustabid tuzumning kommunistik targʻibotchilari xalq orasidan yetishib chiqqan iste’dod sohiblarini juda ustalik bilan oʻz maqsadlari yoʻlida ishlatardilar. Jambulni ham oʻshalar sirasiga kiritish mumkin. Uning savodsizligini bilganlari uchun ataylab unga kotiblarni biriktirib qoʻyishardi. Keyin boʻlajak doston uchun zarur boʻlgan mavzularni odam kiyimida yuradigan «san’atshunos»lar tanlab berishardi. Shunday emasmi?

Shoxonov. Ehtimol... Shu paytgacha Jambul toʻgʻrisida har xil mish-mishlar yuradi. Ba’zilar, uning ijodida asil she’riyatga xos xususiyatlar yoʻq, desalar; boshqalar, oqin haddan ziyod koʻklarga koʻtarib yuborilgan, deydilar. Nafsilamirni aytganda, oʻsha zamondagi barcha koʻzga koʻringan oqinlar (ayrim istisnodan tashqari) Lenin bilan Stalin sha’niga hamd-sano oʻqish borasida oʻzaro musobaqa oʻynaganlar. Zamon shunaqa edi. Qolaversa, odamlarning oʻzlari ham dohiylarni ilohiylashtirib yuborishgandi. Agar biz birovni zamondan uzib olgan holda taftish qiladigan boʻlsak yoki kimgadir hozirgi kun nuqtai nazaridan bir tomonlama baho bersak, insonga nisbatan adolatsizlik qilgan boʻlamiz...

Aytmatov. Gaplaring toʻgʻri.

Shoxonov. Jambul koʻp yillar davomida qirgʻizlarning iste’dodli, usta oqinlari, hofizlari, qiziqchilari bilan yaqin doʻst boʻlib qolmasdan, balki ularning birodari boʻldi. Ikki qardosh xalqni oʻz san’ati bilan xushnud etdi. Tabiiyki, koʻpgina buyuk iste’dod sohiblari oʻzlarining oʻjarligi bilan boshqalardan ajralib turadilar. Oʻjarligi uchun oʻzlari azob tortishadi. Bunday paytlarda doʻstlar bir-birlarini qoʻllab-quvvatlaydilar.

Aytmatov. Buning yorqin misoli — mashhur qirgʻiz oqini Toʻqtagʻul Sibir surgunidan qochib, oʻzining tugʻilib oʻsgan ovuliga emas, doʻsti Jambulning huzuriga boradi.

Shoxonov. Shubhasiz, bu boyagi gaplarga yorqin misol boʻladi. Aytmoqchi, Jambul ham bir necha kecha-kunduz mobaynida «Manas»ni kuylagan vaqtlar koʻp boʻlgan. Mashhur kuychi Murotali bilan Jambulning musobaqa oʻynaganini eshitganmisiz? Ikki buyuk iste’dod oʻzaro musobaqa payti Jambul qirgʻizlarning oʻn uchta kuyini, Murotali esa qozoqlarning oʻn besh kuyini ijro etganlar. Qariyalar hozirga qadar oʻsha hodisani toʻlqinlanib gapirib yuradilar.

Bir paytlar Masimxon Beyseboyev Qozogʻiston Vazirlar Mahkamasining raisi lavozimida ishlagan. Oʻsha odamning Jambul toʻgʻrisidagi bir hikoyasi hamon yodimda turibdi.
— U paytlari men Olmaota viloyati partiya qoʻmitasining birinchi kotibi edim. Jambul oʻshanda juda mashhur boʻlib ketgandi, shuhrati olamni tutgandi. Hazil gapmi, Stalinning shaxsan oʻzi unga qoyil qolgandi, butun Sovet Ittifoqida uni hurmat qilishardi. Kunlardan bir kun Jambul toʻgʻrisida ajabtovur yangilik eshitib qoldim: emishki, yuz yoshga yaqinlashib qolgan oqin yana uylanmoqchi boʻlib yurganmish. Kelin topib qoʻyibdi, roziligini soʻrabdi. Goʻyo kelin rozi boʻlganmish. Qozogʻiston Kompartiya Markazqoʻmining birinchi kotibi Jumaboy Shoyaxmetov bu gapni eshitib, shoshib qoladi va meni oʻz huzuriga chaqirtiradi. U qoʻllarini orqasiga qilgancha asabiylashgan holatda xonada u yoqdan-bu yoqqa tinimsiz borib-kelardi. Haqiqatan ham, vaziyat chatoq edi. Birinchidan, respublikamizdagi hurmatli oqsoqolning, xalqimizning faxriga aylanib qolgan oqinning kutilmagan tantiqligi nihoyatda kulgili tuyuladi. Ikkinchidan, oʻsha chogʻlari taomilga aylanib ketgan kommunistik axloqqa toʻgʻri kelmasdi. «Bunday isnodni hech kim bilmasligi kerak, — dedi Jumaboy Shoyaxmetov. — Darhol bunday bema’nilikka chek qoʻyish lozim. Oʻsha kelinchakning qarindosh-urugʻlari bormikan?» Aytishlaricha, kolxozda ishlaydigan oʻgʻli bor ekan, dedim. «Tuman partiya qoʻmitasining birinchi kotibi va kolxoz raisi bilan toʻxtovsiz aloqa oʻrnat! Ular darhol oʻsha ayolni bu niyatidan qaytarishsin! Lekin, ehtiyot boʻlinglar, Jambulning oʻzi biror narsadan shubhalanib qolmasin. Menimcha, ayolning oʻgʻli orqali harakat qilsak yaxshi boʻladi. Hayronman, u qanaqa valakisalang ekanki, oʻzining bitta onasiga qarab yurolmasa! Senga oldindan bitta gapni aytib qoʻyay: agar mening topshirigʻim bajarilmasa, ishdan ketasan!» deb Shoyaxmetov stolni mushtladi. Bu topshiriqni imi-jimida darhol ado etdim. Bir qator salobatli ishlovlardan soʻng oʻsha ayol Jambulga erga tegmaydigan boʻldi. Koʻnglimiz joyiga tushib, bu xushxabarni Shoyaxmetovga yetkazishga oshiqdik. Keyin hammamiz birgalikda Jambulni yoʻqlab bordik. «Assalomu alaykum, Jaka!» deb joʻr boʻlib takrorladik Shoyaxmetovdan soʻng. Jambul karavotda yuzini devorga qaratib yotardi. U qoʻlini bir silkitib qoʻydi, xolos. Oradan birmuncha fursat oʻtgach, Jambul asta-sekin biz tomonga burildi. «Ey, ishton kiyib yurgan xotinlar! — dedi u jahli chiqib. — Oʻylaysizlarki, men shahvoniy hirsimni qondirishim uchun uylanmoqchimanmi? Xalq orasida, otni yarim yoʻlda yoʻqotib qoʻysang, yomon boʻladi, degan maqol bor. Kampirim oʻlgandan buyon kelinlarimning qoʻliga qarab qoldim.

Kelinim ostimdagi toʻshakni yangilab ketganini oʻzlaring koʻrdilaring. Bu gunohi azim. Agar oʻzimning xotinim boʻlganda, kelinga oson boʻlardi. E-e, sizlar bunaqa gaplarni tushunmaysizlar! Necha yillardan beri Qozogʻistonga rahbarlik qilayotgan boʻlsalaring-da, ammo tovuqning miyasicha miyalaring yoʻq!» deb Jambul yana devorga yuzini burib, yotib oldi.

Aytmatov. «Oʻsma ketar, qosh qolar» deb, bejiz aytishmagan. Ajabki, Jambul shoʻxlik bilan donishmandlikni oʻzida mujassamlashtirgan gʻalati inson edi. Umuman olganda, Suyunboy va Qatagʻon, Jambul va Toʻqtagul, Toʻgʻaloq Moʻlda va Umbetali, Keken va Alimqul kabi qozoq va qirgʻiz oqinlarining chambarchas doʻstligi va doimiy aloqalari ikki xalq oʻrtasidagi birlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, Jambul bilan Shobdan umrlarining oxirigacha yaqin doʻst boʻlib qoldilar. Lekin, bu alohida mavzu.

Shoxonov. Shobdan botir rus armiyasining polkovnigi unvoniga sazovar boʻladi, dvoryanlik martabasiga erishadi. Ammo, bu imtiyozlardan shaxsiy manfaati yoʻlida emas, oʻz xalqining manfaatlari yoʻlida foydalanadi. Oʻzi aslzodalar avlodidan boʻlsa-da, juda katta nufuzga ega edi. Ochiq koʻngul, ziyrak, bagʻri keng inson edi. Shu tobda Asqar Aqayev bilan shaxsiy suhbatimiz chogʻida eshitganim bitta voqea esimga tushib qoldi.

Qaysarligi bilan nom chiqargan Jambul gohida birorta kallavaram ovuldosh biydan koʻngli qolsa, darhol otiga minib, Olatovning janubiy etaklariga yuzlangancha: «Qirgʻiz birodarim Shobdan huzuriga ketyapman», der ekan. Choʻng Kemin sohilida oʻtirgan Shobdan kunlardan birida general-gubernator Kolpakovskiydan zudlik bilan yetib kelish toʻgʻrisida buyruq oladi. Shobdan tezda faytonni qoʻshish haqida amr qiladiyu birdan otini eshiqdan kiraverishga bogʻlayotgan Jambulga koʻzi tushadi.
— Shoshmanglar! Kolpakovskiy hatto podshoh boʻlganda ham, baribir Jambuldan ustun boʻlmasdi. Jambulni kuzatganimizdan soʻng yoʻlga otlanamiz. Uni ikki qun mehmon qilamiz, — deydi Shobdan.

Keyin oqin doʻsti uchun olti qanotli oq yurt tikishni va barcha urugʻ-aymoqlarni chaqirib kelishni mulozimlariga topshiradi. Yigʻilganlarning taklifiga koʻra, Jambul tongga qadar «Manas», «Suranchi botir» dostonlarini ijro etadi. Shobdan dostonlarni rohatlanib tinglaydi.

«Mening toychogʻim yoshligidan saxiy boʻlgan, — derdi Shobdanning onasi Baali boyvuchcha. — Uni uch yoshigacha emizganman. Ba’zan u qoʻshnilarimizning oʻziga tengdosh bolalarini ham ergashtirib kelardiyu ularni sutga toʻydirib qoʻyishimni iltimos qilardi».

Shobdanning navqiron zobit kiyimida tushgan bitta surati bor. Koʻksida ikkita medal yarqirab turibdi. Keksalik paytida tushgan boshqa bir suratida esa avvalgi ikki medaldan faqat bittasi qolgan, xolos. Oʻzi ham xorgʻin qiyofada. Buning sababi — muqaddam boʻlib oʻtgan bir voqeaga bogʻliq.

Shobdan uyida oʻtirgan kunlarning birida koʻchadan oʻtib ketayotgan tilanchi eshikdan moʻralaydi. Shobdan uni ichkariga taklif etib, xar xil mavzularda suhbat quradi. Ma’lum boʻlishicha, bu bechora bolalik paytida sagʻir boʻlib qolgan, birorta ham qarindoshi yoʻq, faqat tilanchilik bilan kun koʻrar ekan. Shobdan tilanchiga xayr-ehson qilish uchun uyni bir qur koʻzdan kechiradi. Uning avvalgi boyliklari allaqachon sovurilib ketgan, bittayu bitta kulrang novvosi qolgandi, xolos. Shunda u koʻkragini bezab turgan, rus saltanatidan sovgʻa qilingan ikki medalidan bittasini tilanchining qoʻliga tutqazib yuboradi.
— Pishpek bozoriga borgin-da, bu medalni sotib, puliga hoʻkiz-poʻkiz xarid qilgin. Turmushingni yaxshilab olgin, — deydi Shobdan tilanchiga.

Yana bitta voqea esimga tushdi. Boyaka ismli bitta boyning Sadaf degan batragi boʻladi. Ayol shoʻrlik tongdan to qora xuftongacha xoʻjalik ishlari bilan mashgʻul boʻlib, na dam olishni, na oʻyin-kulgini bilardi. Boz ustiga, koʻzlari gʻilay, tili chuchuk edi. Bu yorugʻ dunyoda birorta qarindosh-urugʻi yoʻq, oʻzi hatto qoʻtir it ham orttirmagandi. Faqat pastqamgina koʻrimsiz ikki toʻsinli kulbada istiqomat qilardi.
— Nega meni yer yutmas ekan! — deb ba’zan taqdiridan nolib qoʻyardi.

Vaqti kelib, Boyaka kuzgi yaylovdan qishloqqa koʻchib oʻtadi. Eski joyda Sadafning oʻzi yolgʻiz qoladi.

Tun boʻyi kulbasi yonida uvlab chiqqan qashqir tovushidan qoʻrqib, koʻz yummasdan tong ottiradi. Ertasi kuni oqshomga yaqin kulbasidan tashqariga chiqqan ayol shu tomon otda yoʻrtib kelayotgan Shobdan bilan Boyakani koʻrib qoladi. Ularning ortidan bir guruh chavandoz ergashib kelardi. Ayol shoʻrlik quvonchini ichiga sigʻdira olmasdan qichqirib yuboradi:
— Shobdan botir, maqsim ichib keting!

Atrofidagi biylaru volost amaldorlarining norozi boʻlib hay-haylashiga qaramasdan, Shobdan ot yuganini kulba tomon buradi. Labi uchgan kosaga ichimlik toʻldirib, ayol uni botirga uzatadi. Boyaka esa qoʻli bilan kosani nari surib:

—Ey, baxti qaro, yovgʻon shoʻrvangni yigʻishtir! Botir ichmaydi! — deydi.

—Bizning odatimizga koʻra, ovqatdan ulugʻ narsa yoʻq. Uzating maqsimni! — deydi Shobdan. U otda oʻtirgan koʻyi bir koʻtarishda kosani boʻshatib beradi. — Oh-oh, juda mazali ekan! Maqsimingiz juda zoʻr boʻpti, darrov chanqogʻimni bosdi! — deb Sadafning koʻnglini koʻtaradi. — Ertaga yigitlarni joʻnataman, ular sizni koʻchirib ketishadi. Yana bir kun sabr qiling, — deb va’da berib ketadi.

Chavandozlar yoʻllarida davom etadilar. Kulbadan xiyla olislagach, Shobdan Boyakaga qarab:
— Ey, Boyaka, agar oʻz ovulingdagi bitta shoʻrlik ayolga mehring yetmasa, qanday qilib butun boshli aymoqqa hukmron boʻlib oʻtiribsan?! — deydi gʻazab aralash.

Tez orada ayolni ovulga koʻchirib, Shobdan unga toʻrt qanotli yurt qurdirib beradi va oltita qoʻy bilan bitta baytal sovgʻa qiladi.

Esimda qolgan yana bitta voqea bor.

Oq podshoning bosqinchilik siyosatiga qarshi bosh koʻtargan va «Oloy malikasi» deb nom qozongan Qurmonjon dodxohni rus armiyasining generali Skobelev asir oladi.

—Bolalaring qayerda? — deb soʻraydi general.

—Daraxt qoʻlingizda turibdi, uning shox-shabbalari qayoqqa ham ketardi? — deb javob qaytaradi matonatli ayol.

Qurmonjon dodxohning irodasini bukib, boʻysundirishga koʻzi yetmagan general asirani qoʻriqlash uchun oʻttiz nafar soqchi tayinlaydi.

Shunda Shobdan botir ayolning yonini oladi.
— Agar Qurmonjon dodxoh qochib kesa, uning oʻrniga meni otib tashlaysiz, — dedi va ayolni asirlikdan qutqaradi.

1909—1911 yillarda oʻzi tugʻilib oʻsgan Choʻng Kemin tumanida Shobdan «Shodmoniya» nomli madrasa ochadi. U yerda qirgʻiz, qozoq, oʻzbek, rus bolalari savod chiqaradilar. Keyin ularni botir Olmaotadagi, Pishpekdagi oʻquv yurtlariga shaxsan joylashtirib qaytadi.

Yoshi bir joyga yetib, hayot tajribalari bilan aqli toʻlishgan botir oʻz farzandlariga bunday deb vasiyat qiladi:
— Men manaplarning oxirgisiman. Lekin, sizlar bu martabaga koʻz tikmanglar. Oʻsha martaba orqasidan keladigan boylik ham, shon-shuhrat ham oʻtkinchidir. Ishonaveringlar, bu dunyoda dehqonchilik qilib, halol mehnat bilan kun koʻrishdan yaxshisi yoʻq.

Aytmatov. Qoida boʻyicha, tarix hujjat yordamida tasdiqlanishi kerak. Bizning xalqlarimizning hayoti koʻpincha afsonaviy tus olib ketadi. Oʻsha hodisalarga zamondoshlar bilan avlodlarning munosabati shunda bilinadi. Hodisalarning mohiyati va ularga berilgan xalqning bahosi bizga shu tarzda yetib keladi. Misol tariqasida yana Shobdan toʻgʻrisidagi afsonaga murojaat etishimiz mumkin. Keksalarning eslashicha, 1912 yili Shobdanning yurtida mashhur botirning xotirasiga bagʻishlanib elga osh tortiladi. Olatovning janubiy va shimoliy etaklaridan juda koʻp mehmonlar taklif etiladi. Qozoq va qirgʻiz xalqining munosib vakillari har tomondan yopirilib kelaveradilar; otlarning tuyogʻidan koʻtarilgan chang-toʻzon vodiy osmonini qoplaydi. Shobdanni tiriklik paytida samimiy hurmat qiladigan Jambul ikki birodari — Kenen va Umbatali bilan birgalikda bir kun oldin yetib keladi. Gʻala-gʻovur, baqir-chaqir koʻtarilgan poyga ham nihoyasiga yetib, aytishuvga navbat beriladi. Olomon orasidan har bir xalqning bittadan oqini oʻrtaga chiqib, aytishuv musobaqasida oʻz mahoratlarini namoyon qila-dilar. Chorpaxil biylar va kekkaygan manaplar yogʻli qazi-qartalarni yeb, xushta’m qimizlarni simirib oʻtirishadi. Qozoq oqini Umbetali Qoriboyev sayroqi koʻhna doʻmbirasini qoʻliga oladiyu qirgʻizlar bilan qozoqlarning chambarchas doʻstligini, Shobdanning yillar osha oʻsib borayotgan shon-shuhratini madh etib, kuylay boshlaydi. U Toʻqtagʻul sha’niga ham ofarinlar aytadi. Toʻqtagʻul nomi qulogʻiga chalinishi bilanoq bitta bekning aft-basharasi tirishadi.
— Ovozingni oʻchir! — deb oʻshqiradi u. Soʻng Jambul bilan tizzasini tizzasiga tekizib oʻtirgan Toʻqtagʻulga oʻgirilib: — Ey, qochoq, yurtdan yoʻqol! — deb qichqiradi. Shu yoʻsin Sibir surgunidan qochib kelgan buyuk oqinni sharmanda qilmoqchi boʻladi.

Aytishlaricha, shu payt Jambul bagoyat gazablanib ketadi.
— Ey, taqsir! — deydi u kekkaygan mahmadonaga qarab. — Shobdan nafaqat qirgʻizlarning, balki qozoqlarning ham chin farzandi edi. U bizga juda koʻp yaxshilik qildi. Mening qavatimda oʻtirgan Toʻqtagʻul ham ikki xalqning boyligi hisoblanadi. Shundoq boʻlgach, ulardan birini koʻklarga koʻtarib, boshqasini tuproqqa qorib tashlash mumkinmi? Yoki bizning oramizda ulugʻ farzandlar tiqilib yotibdimi? Toʻqtagulga oʻxshagan oqinlarni qozoq yoki qirgʻiz ayollari yuz yilda bir marta tugʻsa tugʻadi, boʻlmasa tugʻmaydi! Agar bundan keyin ham Toʻqtagʻul toʻgʻrisida yomon gap aytilsa, men ma’rakani tashlab chiqib ketaman!

Oqinning adolatli soʻzlari Shobdan avlodlarini qoyil qoldiradi: ular Jambulning yelkasiga zarbof chopon tashlaydilar va gijinglab turgan oq argʻumoq sovgʻa qiladilar.

Shundan soʻng Jambul bunday deydi:
— Menga koʻrsatgan izzat-hurmatlaring uchun katta rahmat. Lekin, men bu sovgʻa-salomlarni Sibirdan qaytib kelgan Toʻqtagʻulga topshiraman.

Shu soʻzlarni aytib, qozoq oqini sovgʻalarni Toʻqtagʻulga topshiradi. Jambulning sa’y-harakatlari doʻstining obroʻ-e’tiborini aymoqlari oʻrtasida yanada oshirib yuboradi.

Shoxonov. Yoshini yashab, oshini oshab boʻlgan Jambul umrining oxirida ovuldoshlarini, qarindosh-urugʻlarini, nevara-chevaralarini boshiga toʻplab, ularga shunday vasiyat qilibdi:
— Mana, sizlardan rozi-rizolik soʻraydigan paytim ham yetib keldi. Koʻnglim sezib turibdi, tezda narigi dunyoga joʻnayman. Kechasi tush koʻrdim: menga Sariboy surnaychi qoldirgan qizil arslon goʻyo ostonamni tark etib, Olotovning janubiy tizmalari — qirgʻizlar tomon yoʻl oldi. Uni uch marta chaqirdim, lekin qayrilib qaramadi... Oʻlganimdan soʻng meni oʻzim barpo etgan bogʻ ichiga dafn etinglar.

Naql qilishlaricha, har qanday mashhur botir yoki oqin umrining oxirida shunday gʻaroyib tush koʻravermas ekan. Faqat ayrim zotlargina bunday sharafga muyassar boʻlarkan. Yirtqich hayvon yoki boshqa bir jonliq timsolida insonni balolardan asraydigan farishta kelar ekan. Bizni biror narsadan ogoh etish yoki kulfatdan saqlab qolish uchun doim tushimizga farishta kirar ekan. Masalan, qoʻngʻiroqday ovozi boʻlgan Qozibekning tushiga farishta bir juft boʻri timsolida, Kampirboy oqinning tushiga chipor oʻrdak timsolida, Jambulning tushiga esa qizil arslon timsolida kiradi.

Jambulning nevarasi boʻlmish yozuvchi Nagʻashibek Qoʻpolbekovning hikoya qilishicha, Siz oʻgʻlingiz Asqar bilan bir marta oqinning ovuliga mehmon boʻlib borganingizni koʻrgan ekan. Siz oʻshanda, milliy an’anamiz boʻyicha, oʻgʻlingizni Jambulning bogʻidagi aziz joyga yumalatib, maqbara bilan oʻrab qoʻyilgan oqin mozoriga sajda qilgan ekansiz.

Aytmatov. Yoshligimda bitta oqsoqoldan eshitganim qiziq voqeani gapirib beraman. Jambul oʻlgan paytda janoza xabari Qirgʻizistonga yetib kelmaydi. Aftidan, hukumat tizimida ishlaydigan amaldorlardan birovi bu haqda xabar berishni unutib qoʻyadi, shekilli. Faqat marhumning ruhiga bagʻishlab berilayotgan xudoyi kuni — «ettisi»ga qora terga botgan uchta otda Alimqul boshliq qirgʻizlarning mashhur oqinlari koʻzda yosh bilan oʻkirib kirib kelishadi.
— Oh, ogʻamizning tugʻishganlari! — deb yigʻlaganlaricha toʻplangan odamlarga qoʻllarini choʻzadilar. — Nahot, Jambul faqat qozoqlarniki boʻlsa? Nahot, u faqat qozoq xalqining faxri, milliy gʻururi boʻlsa? Qanday qilib uni qirgʻizlarsiz yerga koʻmdilaring? Yuragimizda oʻchmas dogʻ qoldirdilaring-ku, birodarlar! Qani, bizga qabrini koʻrsating: qirgʻiz xalqi nomidan mozoriga bir siqimdan tuproq sepmoqchimiz!— Keyin oqinlar birin-ketin doʻmbiralarini qoʻllariga oladilaru hech qanday tayyorgarliksiz kuylay boshlaydilar.

Xalq uyatdan oʻz yogʻiga oʻzi qovuriladi. Gina-kuduratda jon borligini hamma biladi. Odamlar yer chizib qoladilar. Shu payt olomon orasidan doʻmbirasini koʻtargancha Umbetali Qoriboyev chiqib keladiyu yigʻilganlarga yuzlanib, aytimini boshlaydi. U qozoqlar bilan qirgʻizlarning qadimiy doʻstligi toʻgʻrisida kuylaydi, Jambulning soʻzlarini eslatadi: «Suyaklarim qozoqlarniki, etim qirgʻizlarniki» Ikki qardosh xalq oʻrtasiga yaramas amaldorlarning kaltafahmligi tufayli nifoq tushmasligi kerak, deydi u aytimda. Ular janoza xabarini yetkazishlari lozim edi, lekin xabar bermadilar, deydi u aytimida. Aytimini tugatgach, oqin butun qozoq xalqi nomidan qirgʻiz qardoshlaridan uzr-ma’zur soʻraydi. Soʻng, qirgʻiz oqinlarining poyiga qalpogʻini, choponini, belbogʻini tashlab tiz choʻkadi, boshini egadi.

Haqiqiy birodarlar quvonchli kunlarda ham, musibat paytida ham bir-biriga sodiq boʻladilar. Yuragida ogʻir tosh bilan ma’rakaga kelgan nufuzli uch qirgʻiz qozoqlarning samimiy afsus-nadomatlarini koʻrishgach, otdan tushadilar-da oʻz aytimlarida boshlariga tengsiz musibat tushgan birodarlariga chin dildan hamdardlik izhor etadilar.

Birodarlik bundan ortiq boʻladimi?

Milliy tabiatimizda nasriylikka, koʻtarinki sururga moyillik bor. Bu oʻz holicha goʻzal. Afsonalar shirin boʻladi, jozibador boʻladi. Lekin, koʻtarinkilik qolipiga sigʻmaydigan qaysar, zaharxandali shaxslar ham boʻladi. Shundaylardan Rayhon Shukurbekov bilan Moʻydin Aliboyevni koʻrib qolganman. Ular oʻziga xos satirik yoʻnalishdagi kishilar edi. Yanglishmasam, sizlarda Bovurjon Momishuli shunday boʻlsa kerak.

Shoxonov. Boʻlmasam-chi! U qozoq xalqidan chiqqan noyob iste’dod. Menimcha, sobiq Sovet Ittifoqida aynan unga oʻxshash fojiali ham baxtli taqdir egasini kamdan-kam uchratish mumkin. Momishuli oʻzi haqida: «Harbiy sohada ham, yozuvchilik sohasida ham men polkovnik darajasida qoldim», degan edi.

Bovurjon toʻgʻrisida Azilxon Nurshaixov «Haqiqat va afsona» nomli ajoyib kitob yozgan. Oʻsha kitobda juda koʻp qiziq ma’lumotlar bor. Jumladan, Momishuli Ulugʻ Vatan urushida misli koʻrilmagan qahramonlik, jonbozlik namunalarini koʻrsatadi va hayot paytidayoq afsonaviy qahramonga aylanib ketadi. Uni uch marta Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga tavsiya etadilar. Ammo, baribir unga yuksak mukofot berilmaydi. Keyinchalik u harbiy akademiyada generallarga dars beradi-yu, lekin oʻzi polkovnik darajasidan yuqori koʻtarilmaydi.

Sizning doʻstlaringizdan biri — yozuvchi Togʻay Axtanov Bovurjonni soʻnggi yoʻlga kuzatayotgan damlarda qabr ustida nutq soʻzlab, bunday dedi: «U qoliplangan zamonda qoliplarga sigʻmasdan yashadi!» Bu soʻzlar ogʻizdan-ogizga oʻtib yuradigan iboraga aylanib qoldi.

Darhaqiqat, Bovurjon Shoʻro tuzumining temir qoliplariga sigʻmadi. U oʻz tabiatiga monand hayot kechirdi. Bovurjon qat’iyatli, murosasiz shaxs edi. Doim haqiqatni betga aytardi. Natijada halol unvonlaridan, martabasidan mahrum boʻlib qolardi. Ma’lumki, faqat tinchlik zamonida emas, balki urush yillarida ham koʻplab adolatsizlik roʻy berardi. Momishuli 272 bora oʻz askarlarini jangga koʻtaradi va har gal gʻalabaga erishadi. Uning jasorati Ulugʻ Vatan urushi sahifalarini bezab turibdi. Axir, bir qator xorijiy davlatlarning harbiy bilim yurtlarida Momishulining tajribalari maxsus oʻrganilayotgani bor gap-ku!

Aytmatov. Jambuldagi zooveterinariya texnikumida tahsil koʻrib yurgan yillarim A. Bekning «Volokolamsk yoʻli» kitobini oʻqigan edim. Oʻshandan soʻng Bovurjonni yaxshi koʻrib qolganman. Oʻzining jasorati, bukilmas irodasi, qaysarligi tufayli, mana, bir necha avlod oldida obroʻ-e’tibor qozonib kelayotir. Doim hayron boʻlamanki, mana shunday mashhur qahramon bizning oramizda yashardi. Ishonchim komilki, qadimda oʻtgan barcha botirlaru pahlavonlar ham xalq orasida oddiygina hayot kechirganlar.

Albatta, u paytlari Lenin mukofotiga sazovor boʻlgan kunlarim Bovurjondan samimiy tabrik telegrammasi olaman deb aslo xayolimga keltira olmasdim. Keyinchalik biz goh Moskvada, goh Olmaotada bir necha marta chin koʻnguldan suhbatlashdik. Esimda, bir gal men uni Arbat koʻchasida uchratib qoldim.
— Menga qara, Chingiz, kamina toʻgʻrisida xalq orasida 120 vagon mish-mish yuribdi. Oʻshandan 1 vagoni haqiqat, 119 vagon esa gʻirt yolgʻon. Senga haqiqatdan ham boʻlib oʻtgan bir voqeani gapirib beraman. Fidel Kastroning shaxsiy taklifiga binoan bir marta Kubaga bordim. Qorachadan kelgan bitta goʻzal qiz huzurimga yugurib keldi-da: «Polkovnik, yoshligimdan buyon siz toʻgʻringizda shunchalar koʻp kitob oʻqiganman-ki, allaqachon sizni sevib qolganman. Agar xohlasangiz, sizga turmushga chiqaman, siz bilan yurtingizga ketaman!» dedi tortinmasdan. «Yaxshi qiz, qozoqlarda bir maqol bor, qizlarning xammasi yaxshi boʻladi-yu, yomon xotinlar qayoqdan paydo boʻlar ekan?» deydilar.

Sen mening fe’l-atvorimni umuman bilmaysan. Agar bilganingda bormi, hech qachon bunday gaplarni menga aytmagan boʻlarding», deb javob qaytardim. Agar tashabbus oʻzidan chiqqan oʻsha qizga uylanib, uni yurtimga olib kelsam, oʻzim haqimdagi mish-mishlar 200 vagondan ham ortib ketardi, — dedi polkovnik.

Biz chin yurakdan qaxqaha otib yubordik.

Shoxonov. Bir marta Momishulining Chimkentga kelgani hali-hali esimda. U paytlari «Leninshil jas» respublika gazetasining janubiy viloyatlar boʻyicha muxbiri boʻlib ishlardim. Endigina 22-23 yoshga kirgandim. Zigʻirdek yangilikka ham mahkam yopishib, har kuni gazetani oʻz maqolalarim bilan boʻmbardimon qilardim. Kunlarning birida gazeta muharririga Siz yaxshi taniydigan yozuvchi Sherxon Murtazo qoʻngʻiroq qiladi. Darvoqe, uning ajoyib tarjimalari bois Sizning asarlaringiz qozoqcha soʻylab yuborgandi.
— Bovurjon Sariyogʻoch kurortiga dam olgani ketyapti. Ertaga ertalab poyezdda u Chimkentga yetib boradi. Viloyat rahbarlarini ogohlantirib qoʻygin; uni yaxshilab kutib olishsin. Oʻzing ham ular bilan birga kutib olgani chiqqin, — deb topshiriq berdi menga muharrir.

Zudlik bilan telefonda viloyat partiya qoʻmitasining kotibi Sulaymon Zadinga bogʻlandim va Momishuli tashrif buyurayotganini xabar qildim. Birmuncha fursat oʻtguncha trubkaning narigi tarafidan sado chiqmay qoldi.
— Muxtor, — deb uff tortib yubordi kotib. — Oʻtgan yili bizning botirimiz odamlar oldida Meni sharmanda qilgan. Undan koʻnglim qolgan. Uning yoʻliga peshvoz chiqmaganim ma’qul, shekilli. Meni zarur ish bilan qoʻshni tumanga joʻnab ketgan, deb aytgin. Lekin, bu gap oramizda qolsin. Senga viloyat partiya qoʻmitasining mashinasini beraman. Mening nomimdan Sipatayev nomidagi maktab direktoriga qoʻngʻiroq qilgin: Momishuli oʻsha maktabda oʻqigan. Pionerlar gul koʻtarishib, Bovurjonni kutib olgani chiqsinlar.

Endi oʻzimning yuragimga gʻulgʻula tushib qoldi. Botirning xurmacha qiliqlari toʻgʻrisida koʻp eshitgandim. Agar biror narsa yoqmasa, undan shafqat kutmaslik kerak. U har qanday kishining poʻstagini qoqib qoʻyishi mumkin: amaliga, nomiga qarab oʻtirmaydi. Axir, «Volokolamsk yoʻli» asarini yozgan mashhur yozuvchi Aleksandr Bekning oʻziga: «Agar kitobda zarracha yolgon boʻlsa, qoʻlingni sindiraman!» deb dagdagʻa qilgan odam hech kimdan hayiqmasdi-da!

Gʻalaba kuniga Bovurjondan intervyu olib kelish toʻgʻrisida topshiriq berilgan bitta jurnalist: «Yaxshisi, zooparkka borib, yoʻlbarsning boshini silab kelishga joʻnata qoling! Lekin, Momishuli huzuriga aslo bormayman!» deganiga shaxsan guvoh boʻlganman.

Xalq orasida ogʻizdan-ogʻizga oʻtib yuradigan bir voqea boʻlgan ekan. Ma’lumki, u paytlari yozuvchilar boshqalarga nisbatan ancha yaxshi yashardilar. Hatto oʻrtamiyona yozuvchi ham bir yilda kitobini bosmadan chiqarib olsa, qalam haqiga bemalol mashina xarid qilishi mumkin edi. Odatda, har yili qoʻshni respublikalardan Yozuvchilar uyushmasiga mashina xaridorlari yopirilib kelishardi. Ular oldi-sotdiga uquvi yoʻq yozuvchilardan arzongarovga mashina xarid qilib, keyin yangi rangga boʻyab sotishni va moʻmay foyda koʻrishni rejalashtirardilar. Bir yoz faslida oʻshanday ucharlar yana tagʻin bizning atrofimizda girdikapalak boʻlib qolishdi. Ishbilarmonlarni kalaka qilish niyatida yozuvchilardan biri: «Eshitishimcha, Bovurjon oʻz aravasini sotmoqchi boʻlib yuribdi», deb shipshitib qoʻydi. «Rostdanmi?» deb soʻradi xaridor ishonqiramay. «Boring, u bilan gaplashib koʻring. Agar koʻnglini topsangiz, mashinasini tekinga hadya etib yuborishi ham mumkin. Momishuli nihoyatda saxiy inson», deb xaridorlarni ruhlantirdi boyagi hazilkash. Mazaxoʻrak boʻlib qolgan ikki xaridor omadlari chopganidan suyunishib, botirning uyiga joʻnab ketdilar.

Xaridorlar yetib borgan payt Bovurjon endigina nonushta qilib, yelkasiga choponini tashlagancha bamaylixotir gazetalarni oʻqib oʻtirardi. Kutilmaganda eshik qoʻngʻirogʻi jiringlab qoladi. U eshikni ochib, ikki begona kishini kvartiraga taklif etadi. Ularning aft-basharasini ilk bor koʻrib turgan boʻlsa-da, milliy an’anaga muvofiq mehmonlarni uyga olib kiradi.
— Ey xotin, qozonni osib yubor! — deb qichqiradi botir oshxona tomonga qarab.

Mehmonlar yaltoqlanadilar. Tik turganlaricha nima maqsadda kelganlarini tushuntira boshlaydilar. Bovurjon shu zahoti ularning gapini boʻlib:
— Shoshmanglar! — deb qoʻl siltaydi. — Qozoqlarning odatiga koʻra, avvalo, mehmon unga atab pishirilgan ovqatni tanovul qilishi kerak. Ish toʻgʻrisida keyin gap boʻladi.

Hamma dasturxon tevaragiga oʻtiradi. Doʻstona vaziyatda choyxoʻrlik qiladilar. Choydan soʻng dasturxonga beshbarmoq keltiriladi. Tamaddi qilishgach, oʻrnilaridan turishib, qoʻllarini yuvadilar. Keyin ish toʻgʻrisida gap boshlaydilar.
— Mana, endi ishga oʻtsak ham boʻladi, — deb ruxsat beradi Bovurjon. U bemalol sigaret chekib oʻtirardi.

Shu payt mehmonlardan birovi tavoze bilan oʻrnidan turib, mingʻirlaydi:
— Eshitimizga qaraganda, Siz mashinangizni sotmoqchi ekansiz... Aytishlaricha, Siz umuman mashina minmas emishsiz... Biz mashinangizni sotib olishimiz mumkin...

Oʻz tabiatiga koʻra nihoyatda saxiy boʻlgan Momishuli oldi-sotdiga mutlaqo uquvsiz edi. Umrida hech qachon savdo bilan shugʻullanmagan, bunday ishni oʻzi uchun isnod deb bilardi. Gap nimadaligini bilgach, birdan miyasiga qon tepadi. Oʻrnidan sapchib turib, stol gʻaladonidan toʻpponchasini chiqaradi.
— Turinglar! — deb qichqiradi. Anavi azamatlar sapchib oʻrnilaridan turishadiyu dir-dir titrashgancha miq etib ogʻiz ocholmaydilar. — Yotinglar! — deb buyuradi botir.

Toʻpponcha oʻqtalib turgan kishidan yaxshilik kutib boʻlmasdi: qoʻrquvdan es-hushini yoʻqotayotgan mehmonlar gʻazabi joʻshib ketgan xoʻjayin buyruqlarini soʻzsiz bajaradilar. Qirq marta oʻtirib-turadilar. Soʻng yana polga yotadilar.
— Orqaga buril! — deb buyruq beradi xoʻjayin. — Marsh! Senlarga sotganimdan koʻra, oʻsha mashinamni yoqib yuboraman!

Bovurjon toʻgʻrisida shunga oʻxshash gaplarni juda koʻp eshitgandim. Shu bois, tabiiyki, pionerlar bilan uni vokzalda kutib olishdan yuragim poʻkillardi.

Oʻsha paytlari janubda Norboy ismli nihoyatda oʻjar, tili zahar oqin yashar edi. U menga bir necha bor, Bovurjon yaqin qarindoshim, inim desam ham boʻlaveradi, shu kungacha hech qachon gapimni yerda qoldirmagan, deb maqtangan edi. Boshqa ilojim qolmagach, Norboyga sim qoqdim.

—Ogʻa, Siz Bovurjon Momishulini taniysizmi? — deb soʻradim salomalikdan soʻng.

—Namuncha avjing sust? — dedi u. — Men qanday qilib uni tanimas ekanman? Axir, inim boʻladi-ku!

—Juda zoʻr! — dedim suyunib. — Ertaga Momishuli «Moskva — Olmaota» tezyurar poyezdida Chimkentga keladi. Uni birgalashib kutib olamiz. Sizni oʻzim mashinada olib ketaman.

Trubkani joyiga qoʻyib, yengil tin oldim. Endi xavfsiramasam ham boʻlardi. Birinchidan, bilardimki, Bovurjon ogʻa keksalarni juda hurmat qilardi. Ikkinchidan, rostdan ham ular Norboy bilan qarindosh boʻlishlari mumkin. Biroq, Momishuli hech qachon gapimni qaytarmagan degan soʻzlar kaminada Norboyga nisbatan andak shubha qoʻzgʻagandi. Chol maqtangan boʻlsa kerak, deb oʻyladim.

Ertalab Norboyni mashinaga oʻtqazib, vokzalga yoʻl oldik. Vokzalda uch nafar pioner gul koʻtarib turishgan ekan. Ularning yonida maktab zavuchi Jumagul Sarsenov bor edi. Tez orada jadval boʻyicha perronga tezyurar poyezd kelib toʻxtadi. Mana, Momishulining oʻzi ham zinapoyadan tushdi. Koʻrinib turardiki, u rostdan ham dam olmoqchiga oʻxshardi: gimnastyorka kiygan ikki askar bir juft katta jomadonni botirning yoniga keltirib qoʻydilar.

Odat boʻyicha, mehmon bilan avval oramizdagi eng keksa kishi — Norboy soʻrashdi. Aftidan, ular yaqin tanishdek tuyuldi. Keyin Bovurjon bilan Sarsenov koʻrishdi va hayron boʻlib turgan pionerlarni turtib, ularni botir tomon joʻnatdilar. Men ham Bovurjon bilan hurmatini joyiga qoʻyib salom-alik qildim-da, jomadon tomon ketdim. Bovurjon kulumsirab pionerlarni oʻpib, gullar uchun minnatdorlik izhor etdi. Soʻng mashina turgan joyga qarab yurdik.

Shu chogʻ Norboy:
— Bovurjon, kelinimizni nega olib kelmading? — deb qoʻqis soʻrab qoldi.

Botir oʻzini eshitmaganga soldi. Ortidan ergashib borayotgan Norboy savolini takrorladi.
— Bovurjon, kelinimizni nega olib kelmading?

Bu safar ham botir oʻzini eshitmaganga solib, yoʻlida davom etdi.

Mashina yoniga yaqinlashib qoldik. Hamon Bovurjonning orqasidan yopishqoq yelimday ergashib kelayotgan Norboy boyagi savolini uchinchi marta qaytardi. Shundan soʻng Momishuli joyida taqqa toʻxtadi. Qoshlarini uyub oldi, moʻylovi tarvaqaylab ketdi.
— Qari choʻchqa, kelinni nima qilasan?! — dedi botir tishlarini gʻichirlatib.

Norboy titrab, rangi oqarib ketdi.
— Yoʻ-oʻq... shunchaki... qarindoshlarini koʻrib ketardi-da, — dedi koʻzlari bilan yer suzib.

Kutilmaganda janjal chiqib ketishidan rostakamiga sarosimaga tushib qoldim. Xayriyat, janjal davom etmadi. «Vosxod» mehmonxonasiga omon-eson yetib bordik. Bovurjon menga pasportini berdi. Oldindan unga maxsus xona ajratib qoʻyilgandi. Xonani rasmiylashtirish uchun navbatchiga hujjatni uzatdim.

Rostini aysam, Momishulining pasportini koʻrib ogʻzim ochilib qoldi: shu qadar titigi chiqib ketgandi-ki, qoq oʻrtasidan ikki ajralib, surat oʻrni boʻm-boʻsh edi.

Oradan birmuncha fursat oʻtkazib, xonaga kirib bordim. Momishuli bilan Norboy bamaylixotir suhbatlashib oʻtirishardi. Men obroʻyimning borida bu yerdan yaxshilikcha juftakni rostlamoqchi boʻlardim-u, lekin joʻyali bir bahona topolmasdim. Nihoyat, endi ogʻiz ochishimni bilaman, birdan botirning guldurak tovushi eshitildi:
— Ey bola, pastda — birinchi qavatda restoran bor. Tushundingmi?
— Tushundim, — dedim.
— Tushungan boʻlsang, borib biror narsa buyurib qoʻygin. Mening hisobimdan. Biz manavi chol ikkovimiz birpas turib boramiz.

Restoranga kirib, markaziy stollardan birini egalladim. Soʻng, ofitsiantkani chaqirib, hozir bu yerga Bovurjon Momishuli tushlik qilgani keladi, deb tushuntirdim.
— Ha-a, anavi injiq cholmi? — deb birdan ofitsiantka sarosimaga tushdi va shu zahoti tayyorgarlikni boshlab yubordi.

Bir daqiqadan soʻng stolga yap-yangi oppoq dasturxon yozildi. Buyurtmani hozirlash uchun ofitsiantka oshxonaga ravona boʻldi.

Koʻp oʻtmasdan Bovurjon bilan Norboy restoranga kirib keldilar. Aftidan, ikkovi ham mamnun, quvnoq koʻrinardi. Oradan bir qancha vaqt oʻtgach, bizning qavatimizga Jumagul Sarsenov ham qoʻshildi. Har xil taomlar uyub tashlangan dasturxon tevaragida Momishuli bir oz yozilib, oʻtgan yili Issiqkoʻlda qanday xordiq chiqarganini soʻylay boshladi. Lekin, shu payt bizning stolimizga chorpaxil bir kishi yaqinlashib keldi. Bilishimcha, u Suzoq tumanidagi bitta sovxozning direktori boʻlib ishlardi. Chorpaxil qadamini sekinlatmasdan kelib Norboyning qoʻllarini siqdi. Stol tevaragida oʻtirgan odamlar jimib qolishdi.
— Assalomu alaykum, Norboy ogʻa! Eshitishimcha, yaqin bizning sovxozga borgan ekansiz. Kechirasiz, oʻsha paytlari men yoʻq edim. Yana biz tomonlarga boring, kutamiz, — deb vaysardi u. Xuddi kanaday yopi-shib oldi. Bizga umuman e’tibor bermasdi.

Boʻpti-boʻpti, boraman, — deb boshini silkitib rozilik berdi Norboy. Yana-tagʻin botirning gʻazabiga duchor boʻlmaslik uchun yopishqoq muxlisidan tezroq qutilishni istardi.

—Nake, iloyim, sogʻ-salomat boʻling! — deb nihoyat Norboyning tanishi orqasiga burilib eshik tomon yoʻnaldi.

—Ey, yigit! — deb baland tovushda uni Bovurjon chaqirib qoldi.

Direktor stolimiz yoniga qaytib keldi.

—Mening ismim Bovurjon Momishuli. Aytchi, bir dasturxon atrofida oʻtirgan odamlardan faqat bittasi bilan salom-alik qilishni qaysi ota-bobongdan oʻrganding?

—Oʻ-oʻ, iltimos, kechiring! — deb oʻzini yoʻqotib qoʻydi yigit. Oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi. — Nahotki, oʻsha kishi siz boʻlsangiz?

—Bu kishi sovxozlarimizdan birining direktori boʻladi, — deb vaziyatni yumshatmoqchi boʻldi Norboy.

Momishuli uning gapini shart kesdi-da:
— Dastlab, oʻzini tarbiyalab olsin, keyin boshqalarga rahbarlik qiladi. Marsh! — deb buyurdi direktorga. Beixtiyor moʻylovini qimirlatdi.

Yana birpas oʻtirib, tushlikni tugatdik. Oʻzim hisob-hitob qilmoqchi boʻldim. Lekin pulim yetmasdi. Shunda hujjatlarimni qoldirib, qarzimni toʻlaganimdan soʻng qaytarib olishga qaror qildim. Shu niyatda endi choʻntagimga qoʻl solgan edimki, Momishuli darhol toʻxtatdi.
— Ey bola, choʻntagingni paypaslamasdan jimgina oʻtir! Hech qachon, hech qayerda mehmonlarimga mening hisobimdan hisob-kitob qilishlariga yoʻl qoʻymaganman, — dedi botir.

Ofitsiantkani chaqirib, hisob-kitob qilishni soʻradi. U negadir sarosimaga tushib, oʻzini tetik tutishga urinib koʻrdi: koʻzlarini suzdi, belidan pastrogʻini oʻynatdi, soʻng qandaydir summani aytdi. Bovurjon pulni qoʻliga tutqazdi-da:
— Men sizning kuyovingiz emasman! — dedi keskin ohangda. — Roʻparamga kelib qilpillashning aslo xojati yoʻq! Marsh! — Yuragi yorilayotgan shoʻrlik ayolning ortidan oʻqrayib qarab qoldi.

Aytmatov. Momishuli oʻz xalqining erkatoy farzandi edi. Tabiatan murakkab, notekis boʻlishiga qaramasdan, keksalarni hurmat, yoshlarni izzat qilishni ham bilardi.

Shoxonov. Ertami-kechmi, adolat baribir tantana qiladi. Ulugʻ Vatan urushi tugagandan soʻng, oradan deyarli ellik yil oʻtgach, Nursulton Nazarboyev Moskvaga bir necha marta murojaat etgach, nihoyat, Bovurjon Momishuliga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi. Bu quvonchli hodisani butun Qozogʻiston xalqi shod-xurramlik bilan kutib oldi.

Iltimosimga binoan bitta qozogʻistonlik rassom oq argʻumoq minib, qoʻliga nayza ushlab turgan Momishulining rasmini chizdi. Rasm ostiga men moʻ’jazgina she’r yozib berganman. Oʻzimning kamtarin sovgʻamni Oʻroljon Masatboyev orqali Momishulining chirogʻini yoqib oʻtirishgan oʻgʻli Bahitjon bilan botirning kelini Zaynabga tortiq qildim. Bu mening botirning oʻlmas xotirasiga hurmatimning kichik bir belgisi, xolos. U gʻaroyib inson edi, fe’l-atvori ham betakror edi.

Aytmatov. Esingdami, Talas vodiysida «Manas»ning 1000 yilligini nishonlash uchun ketayotgan paytimiz yoʻl-yoʻlakay Jambulning ustidan oʻtgan edik? Oʻshanda shaharning eng koʻrkam mavzesida naqd ikki qavatli uy barobar balandlikda Momishulining ogʻizdan-ogʻizga koʻchib yuradigan iboralari yozib qoʻyilganini koʻrgan edik. Buning tashabbuskori — oʻsha paytdagi viloyat hokimi Oʻmrbek Boygeldi edi. Bilmadim, koʻzimiz ilgargi oʻtkinchi shiorlarga oʻrganib qolgani uchunmi, oʻsha yozuv bizga bagʻoyat yoqimli koʻringandi.

Shoxonov. Bir kuni Qozogʻistonning Bishkekdagi elchixonasiga amerikalik olim Den Prior tashrif buyurdi. Oʻrtamizda qiziqarli suhbat boʻlib oʻtdi. U: «Choʻqon Valixonov Qirgʻizistonga safari chogʻida yozib olgan «Manas»ning «Koʻkatoyxon janozasi» boʻlimiga yaqinda 140 yil toʻladi. Shubhasiz, bu voqeaning juda katta ilmiy ahamiyati bor. Shunga qanday tayyorgarlik koʻryapsizlar?» deb soʻrab qoddi.

Rostini aysam, bu savol kaminani uyaltirib qoʻydi. Okean ortida yashaydigan amerikalik yigit Choʻqonning ilmiy merosiga nihoyatda qiziqib, uni hurmat qilib bu yerga kelgandi. Suyukli olimning ylmiy ishlarini, oʻz qoʻli bilan chizgan rasmlarini yaxshiroq idrok etish maqsadida Issiqkoʻl sohillarini yayov kezib chiqibdi, Choʻqon yurgan yoʻllardan Qizil Oʻngur boʻylab oʻtibdi, Manas choʻqqisiga chiqibdi, Toʻp darasini suratga tushiribdi.

Aytmatov. Choʻqon yoshlik paytidayoq qahramonlik qilgan. Toʻgʻri, «Manas» jamiki turkiy xalqlarning milliy iftixori hisoblanadi. Lekin, uning haqiqiy ijodkorlari qirgʻizlardir. Choʻqon birinchi boʻlib uni Yevropaga tanishtiradi. Oʻsha paytlari bu hodisa «Misr ehromlari»ning kashf etilishi bilan barobar boʻladi. Shunday emasmi?

Shoxonov. Toʻgʻri. Choʻqon Issiqkoʻlga safari chogʻida Toʻp darasi etaklaridagi yaylovda bir qirgʻiz oqinining mehmoni boʻlganini koʻpchilik bilmaydi. Oʻz kundaligida quyidagi soʻzlarni yozib qoldirgan: «Bugun men qirgʻiz oqini huzurida boʻldim. Uning ogʻzidan «Manas»ning bir parchasini yozib oldim. «Koʻkatoyxon janozasi» deb ataladi. Nazarimda, bu qirgʻizlarning qogʻozga tushirilgan birinchi soʻzlari boʻlsa kerak. Hozir eposni rus tiliga tarjima qilyapman. Sharqni oʻrganayotgan va mahalliy tillarni bilmaydigan olimlarga yordam boʻlishi uchun muxtasar lugʻat tayyorlamoqchiman». Choʻqon yozib olgan «Koʻkatoyxon janozasi» rus tiliga tarjima qilinib, Rossiyaning Joʻgʻrofiy Imperator jamiyati ilmiy kengashiga 1861 yilda taqdim etiladi. Bu ish akademik P. P. Semyonov-Tyanshanskiy rahbarlik qiladigan rus olimlari tomonidan muhokama qilinadi. Keyinchalik oʻsha ilmiy kengash toʻgʻrisida N. I. Veselovskiy degan olim toʻlqinlanib bunday degan edi:

«Choʻqon rus tilidan omilkorlik bilan foydalanadi. Loʻnda iboralar bilan teran ma’nolarni ifodalay olgan. U qirgʻiz eposini badiiy jihatdan yorqin tarjima qilishga erishgan!»

Oradan birmuncha vaqt oʻtgach, «Manas»ning oʻsha parchasi, Choʻqon Valixonovning qirgʻizlar toʻgʻrisidagi «Jungʻariyaga chizgilar» nomli ilmiy tadqiqotlari bilan byrgalikda nemis, ingliz, fransuz tillarida chop etiladi. Shunday qilib, buyuk olim birinchi boʻlib jahon jamoatchiligini «Manas» eposi bilan tanishtiradi.

Aytmatov. Nima boʻlganda ham Choʻqonning qisqa hayoti sir-asroru jumboqlarga toʻla. Dostoyevskiyning rafiqasi boʻlmish Anna Grigorevna xotiralarida men gʻalati dalilga duch keldim. Choʻqon bilan eskidan doʻstlashib yurgan ulugʻ rus yozuvchisi F.M. Dostoyevskiy Valixonov oʻlimidan keyin bir yil oʻtgach, tong saharda tush koʻradi. Goʻyo ular Choʻqon ikkovi Irtish daryosi sohilida sayr etib, oqimni tomosha qilishib, bir nimalar toʻgʻrisida suhbatlashib yurishganmish. U paytlari Fedor Mixaylovich boʻydoq edi. Taqdir undan butunlay yuz oʻgirganday tuyulardi. Juda qiynaladi, azob chekadi. Sirdosh doʻsti tushiga kirganini yaxshilik alomati deb bilgan Dostoyevskiy oʻsha kuniyoq Anna Grigorevna Snitkinadan rozilik soʻraydi. Bu qizga koʻpdan beri koʻngul qoʻyib yurgandi.

Naql qilishlaricha, Dostoyevskiy oʻsha hodisani bot-bot eslab, ajoyib ayol bilan umr yoʻldoshi boʻlishida yordam bergan doʻsti Choʻqon oldida qarzdor ekanini doim takrorlar ekan.

Shoxonov. Tadqiqotchilarning qayd etishicha, Choʻqon vafot etgach, bolaliqdan birga oʻsgan, birga oʻqigan doʻsti G.N. Potanin ataylab Qushmurunga — Choʻqonning otasi Chingiz ogʻa huzuriga yetib boradi. Hamdardlik izhor qiladi, yaqin doʻstidan ajralib qolganidan afsuslanadi. Keyinchalik Potanin Omsk va Peterburg omborlaridan Choʻqonning qoʻlyozmalarini izlab topadi va olimning ilmiy ishlarini ilk bora alohida toʻplam shaklida nashr ettiradi.

Mana, boshqa bir hodisa. Bitta johil odam marmardan qoʻl tegirmoni yasash maqsadida Choʻqon Valixonovning qabri ustiga oʻrnatilgan yodgorlikning yarmini kesib oladi. Bu voqea 1917 yilda roʻy beradi... Shu munosabat bilan Choʻqon va Dostoyevskiyning doʻstligiga bagʻishlangan balladamni oʻqib bermoqchiman.

Fedya, doʻstim, balki bu yozmishim
soʻnggi nafas, eng soʻnggi nigohimdir,
bevafo dunyoga soʻnggi ohimdir.
Oq-qora aralash tinar mish-mishlar,
nihoyat, bir kuni jafokash shu el
kuzatib qoʻyadi eng soʻnggi yoʻlga...
Qorongʻi qabrga dadil kirganim —
umumning umidi mening umidim
ekanin koʻrishsin, tushsin dahshatga
yolgʻonlar kemirgan mana shu elim.
Topilar bizlarni uygʻotguvchi ham!
Ushbu nomam senga borib yetganda
chechaklar unadi mening tanamda.
Sen, ey, tuturiqsiz, beyuz, beqoʻnim
muvaqqat qonunlar — yoqangda qoʻlim,
sen, Fyodor, tayanchim, yuragim qoʻri,
oʻzingga baxshida qalbimning toʻri.
Yurtlardan oralab oqqan daryolar
xazina keltirar, bitar yaralar.
Ularning erkini boʻgʻmoq mushkuldir,
knyazlar hiylasi, bilsang, bir puldir.
Qoʻyaver, shu hayot boʻyin tovlasin.
Bizlar-da oʻxshaymiz ulugʻ daryoga,
ulugʻdan kulmakka bordir kimda had ?
Ulugʻ daryo!
Sen bilan tortishadi kim?
Pokiza xayollar baxsh etar mavjing.
Aybdor kim? Zohiru na-da botining
bilmagan bandaning bersin dodini.
Jon doʻstim! Joy olgansan mudom
bagʻrimdan, hasadgoʻy har yonda tortar baringdan.
Oʻy-fikring allalar dunyo beshigin,
sen mening qalqonim, qalbim qoʻshigʻi.
Orzuyim sevsinlar qozoq ovuli,
men sevganday, Fyodor, doʻstim, bovurim.
Uygʻondim farahbaxsh nurni hovuchlab,
tushimda boryapsan meni opichlab...
Ishongim kelmaydi — umrim juda oz,
va lekin, xayoli uchqur, sarafroz.
Matayning ustida qizaradi oy,
bir yulduz titraydi, soʻnib, hoynahoy,
uchmoqni istaydi. Xayel toʻzgʻigan...
Choʻqon yoʻq. Maktub uzilgan.
Kurashda kim yutdi? Inson yo asr?
Gʻoliblik insonga boʻldi muyassar!
Kuchga toʻlib, yurtga quvvat baxsh etdi,
yigirma toʻqqizda qayta hayot boshladi...
«Olisda porlaydi bir mitti yulduz».
Bostirib boradi tobora kunduz...
Iste’dod boʻysunmas vaqtu muhitga,
aksincha, qaritar necha asrni.
Sibirda soʻrashsa, albatta, eslar,
Fedor Dostoyevskiy degan asirni.
Oltinamal — sor qoʻrgʻon!
Kim doʻstu kim dushman — oʻzing guvohsan.
Bagʻringda uxlaydi barhayot Choʻqon,
dard toʻla yurakdan koʻchgan bir ohsan.
Bir voqea boʻlmasaydi gar
nuqta qoʻymoq payti kelgandi.
Gohida payqamay qolganing zabar
zarni ham yitadi, etib besamar.
«Choʻqonga yodgorlik qoʻysa arziydi!»
Rus doʻstlar keldi shunday toʻxtamga.
Keltirib Toshkentdan toshi azimni
bir haykal oʻrnatdi bunda Choʻqonga.
Rostdan ham, odamning olasi ichda,
marazin yashirib yotadi kutib,
nasabsiz bir murtad zimiston kechda
haykalga chang soldi nafasin yutib.
Sindirgan toshidan imi-jimida
yasamish uyiga jozib yorgʻuchoq,
hammani soʻqir deb oʻylar koʻnglida
tarixin unutgan xotini taloq.
Qoʻldagi toshbolta boshladi yoʻnib,
haykalmas, ruhoniy koʻngillar sindi.
Moʻ’jiza! Boltani bir chetga qoʻyib,
tuyqusdan ingradi, obdon soʻkindi.
Toshbolta sindirgan oʻtkir payraha
murtadning koʻziga sanchilib botdi.
Oʻtmishni kim toptab, ursa qahqaha
tarix-chi, undayga palaxmon otdi.
Argʻamchi solib uchdi, toʻldirib koʻkni
shu bahor Matayda qishlagan qushlar.
Doʻstlar koʻtaradi doʻstning yukini,
piterlik jon doʻstga yetdi xushxabar.
Fedor Dostoyevskiy koʻzga olib yosh
oʻyladi: qilmishga yarasha qazo.
Doʻstlik — bir tun uzra quyosh
va bordir dunyoda jinoyat, jazo.

Aytmatov. Har qanday ezgu yoki yovuz niyat ham, odamlarning sa’y-harakati ham hech qachon javobsiz qolmaydi. Juda magʻzi toʻq she’r yozibsan. Turmushimizda uchraydigan sir-sinoat biz oʻylagandan koʻra teranroq boʻladi. Bu narsani atroflicha tushuntirib bergansan.
Shoxonov. Chike, esimda bor, zamonamizning buyuk musiqachisi Dmitriy Shostakovich vafot etgach, «MuzÑ‹kalnaya jizn» jurnalida unga bagʻishlangan xotiralaringiz e’lon qilindi.

Aytmatov. Shostakovich bilan ilk bor Moskvada — Lenin va Davlat mukofotlari qoʻmitasida uchrashganman. Qoʻmitaning keng-moʻl yoʻlagi boʻylab oʻzaro gaplashgancha Shostakovich bilan Tvardovskiy men tomonga asta-sekin yaqinlashaverdilar. Aleksandr Trifonovich meni koʻrgan zahoti Shostakovichga murojaat etdi:
— Dmitriy Dmitriyevich, tanishib qoʻying, biz boya gaplashganimiz Aytmatov shu kishi boʻladi, — dedi.

Shostakovich menga razm soldi-da, beozorgina kulimsiradi. Soʻng uzatilgan qoʻlimni asta siqib qoʻydi. Oʻshandan keyin qoʻmitaning majlislarida biz doim birga boʻldik. Shostakovich qachon soʻzlaydigan boʻlsa, siyosiy mafkura ruhi bilan sugʻorilgan asarlarni orqaga surib, badiiy ijod namunalarini qoʻllab-quvvatlardi. Bizning fikr-mulohazalarimiz ham, dunyoqarashimiz ham doimo bir-biriga mos kelardi.

Bir gal biz Shekspir toʻgʻrisida gaplashib qoldik.

—Shekspir abadiyatga daxldor. Chunki, Gamletlar, qirol Lirlar doim bizning oramizda yashaydilar, — dedi Shostakovich. U gap oʻzanini insoniyatning shu bugungi muammolariga qaratdi.

—Siz yangi Shekspirning dunyoga kelishiga ishonasizmi?

—Yangi Shekspir dunyoga kelmaydi. Lekin, shubhasiz, u bilan bemalol boʻylasha oladigan daho tugʻiladi.
— Men bunga ishonmayman.
— Men esam ishonaman! — Shostakovich shu zahoti oʻz ishonchining toʻgʻriligini isbotlay boshladi. — Yangi Shekspirning paydo boʻlishi uchun hozir juda koʻp shart-sharoit mavjud. Negaki, avvalgi asrlarda insoniyat hech qachon ma’naviy jihatdan bu qadar kuchli, har taraflama rivojlanmagan edi. Ertami-kechmi yana bitta buyuk iste’dod paydo boʻladiyu dunyoni qudratli san’at qarshisida bosh egishga majbur qiladi.

Uning fikr-mulohazalarini tinglab beixtiyor aytgan gaplarini tasdiqladim.
— Chingiz, — deb murojaat etdi, — sendan ikkita narsani iltimos qilaman. Birinchisi — asarlaringdagi qahramonlarni qurshab olgan olamni kuching yetgancha falsafiy jihatdan idrok etish yoʻliga oʻtgin. Ikkinchisi — bu dunyoda koʻz ochib-yumguningcha oʻtib ketadigan umrning har bir daqiqasini gʻanimat bilgin. Sen jamoat ishlariga haddan tashqari koʻp vaqtingni sarflayapsan. Oʻzing bilasan, xuddi shu ma’noda men ham qiynalaman.

Qarama-qarshiliklardan iborat bu hayotda mumtoz zotning doʻstona maslahatlariga amal qila olamanmi-yoʻqmi, hayotning oʻzi koʻrsatadi...

Shoxonov. Dmitriy Dmitriyevich bilan qay yoʻsinda ilk bor uchrashgani toʻgʻrisida Yevgeniy Yevtushenko bunday hikoya qiladi: «1963 yilning bahor payti musiqachi uyimizga sim qoqdi. Trubkani xotinim koʻtardi.
— Bezovta qilganim uchun uzr, biz siz bilan tanish emasmiz. Mening familiyam Shostakovich... Yevgeniy Aleksandrovich uydami?
— Uyda. Ishlayapti. Hozir men uni chaqiraman.
— Yoʻgʻ-e, nima deyapsiz, kerak emas! Ijodiy ishiga halaqit bermaylik. Men unga boshqa bir boʻshroq paytida qoʻngiroq qilaman, — deb Shostakovich xayrlashayotgan paytda trubkani qulogʻimga tutib turgan edim.

U mening bitta she’rimga musiqa bastalamoqchi boʻlib, shunga ruxsat soʻramoqchi ekan. Telefonning oʻsha qoʻngʻirogi umrbod yodimda qoldi. Muloyim, hayajonli tovush hali-hali quloqlarim ostida jaranglaydi».

Mana shu moʻ’jaz voqea ham buyuk musiqachi naqadar ulugʻ inson va bagʻoyat kamtarin boʻlganini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Hozir ikki-uchta she’r yozib qoʻygan ayrim yoshlar surbetlik qilib eshikdan kirib kelaveradilar. Ravshanki, ishlayotgan yoki dam olayotgan boʻlsang ham ularga baribir. Har qanday qilib boʻlsa-da mashhur shoirning oʻz she’rlari toʻgʻrisidagi fikrini yoki boʻlajak kitobga yoziladigan «oq yoʻl»ni olmoqchi boʻladilar. Ba’zan tantiq yoshlarni uchratib qolsam, doim Shostakovichning yorqin siymosini, xijolatomuz jilmayishlarini eslayman.

Aytmatov. Bir safar Shostakovich meni Gorkiy koʻchasidagi kvartirasiga mehmonga taklif etdi. Borsam, taniqli bastakor Qora Qorayev ham oʻsha yerda ekan. Keng zalning urtasida toʻrtta musiqachi D. Shostakovichning «Oʻn toʻrtinchi kvartet» asarini ijro etib oʻtirishardi. Odatda, xotirjam, yuzidan nur yogʻilib turadigan muloyim zot bu gal qat’iyatli, diqqatini bir joyga jamlagan alfozda edi. U mening yonimga oʻtirdi. Miq etmasdi. Vaqti-vaqti bilan boshini silkitib qoʻyardi.

Qorayev esa, aksincha, toʻlqinlanib ketganidan koʻzlari chaqnardi, musiqa maromiga mos ravishda chayqalar, huzur qilar edi. «Bu musiqa nima toʻgʻrisida?» deb soʻradim. «Aniq tushuntirib boʻlmaydi, uni his etish lozim», deb loʻnda javob qaytardi Shostakovich. Sozandalar musiqani tamomlashgach: «Bu nihoyatda buyuk asar! Gʻaroyib, bitmas-tuganmas tuygʻular manbai!» deb xitob qildi Qorayev. U chin yurakdan Dmitriy Dmitriyevichni muvaffaqiyat bilan qutladi. Oʻzini qurshab olgan his-hayajondan lov etib yonib kesa kerak deb oʻyladim. Bastakor qutlovlarga javoban tavoze bilan bosh egib qoʻydiyu musiqachilar yoniga borib, qat’iy ohangda tanbeh bera boshladi:
— Kerakli darajada ijro etilmadi, — dedi u. — Koʻp oʻrinlarda yuzaki va unchalik oʻylamasdan chalindi!

Noqulay vaziyat roʻy berganini sezgan Qorayev musiqachilarga yaqinlashib, qattiq botmaydigan iboralar bilan ularning koʻnglini koʻtarishga harakat qildi.

Nihoyat, biz yana oʻz joyimizga oʻtirib kvartetning davomini eshita boshladik. Shostakovichni kuzatib oʻtirib, kundalik hayotda xushmuomala, tortinchoq boʻlgan inson ijod damlarida naqadar talabchan, hatto shafqatsiz ekanini kashf etdim.

Ulugʻ inson oʻz atrofidagi odamlarda ham ulugʻvor xususiyatlarni ochib yubormoqchi boʻlardi.

Oʻsha yilning bahor faslida bastakorning xotini Irina Antonovna bizning uyimizga qoʻngʻiroq qilib qoldi. U Dmitriy Dmitriyevichning kasali zoʻrayib ketganini aytib, bemorga «Issiqkoʻl tomiri» deb nomlanadigan giyoh topib berishimni iltimos qildi. Bu giyoh Qirgʻiziston togʻlarida oʻsardi. Men darhol Talas vodiysida yashaydigan doʻstlarimdan, qarindoshlarimdan toqqa chiqib, shifobaxsh oʻsimlikni topib berishlarini soʻradim. Bir hafta oʻtar-oʻtmas giyoh tomirini keltirib berishdi. Shu kuniyoq tomirni Moskvaga joʻnatdim.

Oradan ancha vaqt oʻtgach, biz Shostakovich bilan uning chorbogʻida uchrashdik. Oqshom maroqli oʻtdi. Chorbogʻda ikki qavatli uy boʻlib, yuqoriga gʻalati konstruksiya asosida qurilgan liftda chiqilardi. Mehmondorchilikka kichik oʻgʻlim Asqarni ham olib borgandim. Shostakovich yosh bolani xursand qilish uchun uni lift ichiga olib kirdi va qanday foydalanish lozimligini koʻrsatdi; birgalikda bir necha marta yuqoriga koʻtarilib, pastga tushdilar. Haqiqatan ham, oqshom maroqli oʻtdi: goh-goh uydan yosh bolaning qiyqirib kulgani eshitilib qolar, kattalar esa oʻzaro qizgʻin suhbatlashar, hazil-mutoiba qilishar edi. Afsuski, oʻsha buyuk bastakor bilan eng oxirgi uchrashuvim ekan. Aslini olganda, vidolashuv kechamiz oʻshanda boʻlgan ekan. Lekin, shunday boʻlishini kim xayoliga keltiribdi?!

Hayotda ham, ijodda ham ajoyib uygʻunlikka erishgan Dmitriy Shostakovich turli davrlarda menga ikkita xat yozgan. Bu xatlarni noyob yodgorlik sifatida arxivimda saqlayapman. Dastlabki maktubini bastakor «Alvido, Gulsari» qissamni oʻqigandan soʻng yozgan. Ikkinchi maktubini u Qoʻrgʻon viloyatidagi Ilizarov kasalxonasida davolanayotgan paytda yoʻllagan boʻlib, boshqa asarim — «Oq kema» qissam haqida zavqlanib fikr bildirgan. Bu uning oxirgi xati edi.

Koʻpincha har xil xayollar girdobida oʻzim bilan oʻzim yolgʻiz qolaman. Oʻshanday gʻamgin damlar qulogʻimga Shostakovich asarlaridan birining tovushi chalinsa — bas, darhol yuragimdan iliq toʻlqin tarala boshlaydi.

Shostakovich olamining asosiy xususiyatlari shundan iboratki, u hayotga qizgʻin tashna edi, qalbi nihoyatda toza edi. U rus xalqining eng munosib farzandlaridan biri boʻlib, cheksiz ma’naviy boylik sohibi, favqulodda xayrixoh, begona va yaqin kishilarga doim yordam qoʻlini uzatadigan, nazokatli, insonparvar, zilol suvdek pokiza zot edi.

Bu odam shu qadar oddiy edi!

Shoxonov. Nazarimda, haqiqiy ijod mahsuli barcha millat vakillariga tushunarli boʻladi.

Aytmatov. Sen koʻpincha ayrim kishilarning doʻstligidan xalq birligi vujudga keladi, deysan. Shu ma’noda yaqin oʻtmishdagi adabiyotimiz namoyandalarining ajoyib munosabatlarini eslab oʻtish joiz. Ular bir-birlarini darrov sogʻinardilar, uchrashuv uchun imkon qidirardilar va quvonishib diydor koʻrishardi. Beixtiyor ularning munosabatiga havas qilasan kishi. Qotmadan kelgan, baland boʻyli, qoracha Gʻafur Gʻulom; kamgap, boshqa odamning ruhiy holatini sezgirlik bidan ilgʻab oladigan Oybek; doim kulib turadigan, quchoqlarini keng ochib koʻrishadigan Sobit Muqonov...

Albatta, murakkab, qarama-qarshiliklarga toʻla bir zamonda yashagan bunday zotlarning har biri oʻziga xos muvaffaqiyatga erishgan, kamchiliklardan xoli boʻlmagan. Ehtimol, muayyan shart-sharoitlarga, odamlarga tobe boʻlgandirlar... Biroq, oʻz millatlarining ma’naviy olamini boyitishga munosib ulush qoʻshgan bu zotlarning nomlari unutilsa yoki oʻchirib tashlansa, tariximiz ustidan zoʻrlik qilingan, kechirilmas zarar yetkazilgan boʻladi. Ular oʻrtasida qaror topgan doʻstlik avlodlari tomonidan davom ettirildi.

Koʻp yillar muqaddam Moskvada — Yozuvchilar uyushmasida Gʻafur Gʻulomni uchratib qoldim.
— Chingiz, inim, zilzila bizga qanchalik musibat keltirganini bilsang edi! — deb uyalmasdan yigʻlab yubordi.

Oʻsha yili tabiiy ofat tufayli koʻpgina insonlarning yostigʻi quridi, Toshkent vayron boʻldi, butun xalq boshiga katta musibat tushdi. Har doim katta odamning boshiga katta musibat yogʻiladi.

Shoxonov. Bunday zotlarning har bir uchrashuvi bayram boʻlib ketadi, ular oʻrtasidagi doʻstlik afsonaga aylanadi. Taniqli oʻzbek adibi Nosir Fozilov qachonlardir Sobit Muqonov toʻgʻrisidagi xotiralarini «Mehribonlik» nomi bilan atagandi. Oʻsha xotiralarda qiziq bir voqea eslatib oʻtiladi.

Toshkentdan Sobit Muqonovning uyiga mehmon boʻlib kelgan Oybek doʻstini mashinaga oʻtqazib, koʻm-koʻk oʻtloq, bogʻ-rogʻ qoplagan Olatov etaklariga olib ketadi. Tabiat goʻzalligidan bahramand boʻladilar. Sip-silliq qizil qoyalar yonidan oʻtayotib, mashinaga tormoz beradi. Xarsang toshlardan birini aylanib tomosha qiladi. Tabiatning oʻzi obi-tobida sayqal bergan toshdan koʻzlarini uzolmasdan bosh chayqadi-da: «Goʻzal! Moʻ’jiza!» deydi. Sobit esa sir boy bermasdan Oybekning yoniga yaqinlashadiyu unga sinchikov razm solib:

—Xoʻsh, yoqib qoldimi? — deb soʻraydi.

—Boʻlmasam-chi! — deb toʻlqinlanib javob beradi.
— Unday boʻlsa, buni men senga sovgʻa qilaman. Faqat oʻz nomimdan emas, butun qozoq xalqi nomidan sovgʻa qilaman. An’anamiz boʻyicha argʻumoqqa ega boʻldim deyaver.

Shunday qilib, Medeo chegarasida yotgan xarsang tosh mehmonga yoqib qoladi: Sobit uni sovgʻa qiladi, Oybek qabul qilib oladi. Tez orada Oybek Toshkentga qaytib ketadi. Sobit esa keyin oʻsha xarsang yoniga bitta toshtaroshni yollab boradi. Xarsang toshga hech uchmaydigan soʻzlar oʻyib yoziladi:

«Bu silliq toshni men Muso Oybekka sovgʻa qildim. Sobit Muqonuli. 1962 y. Z.VI».

Oʻsha kuni Sobit oʻz hayotida bagʻoyat mas’uliyatli vazifani ado etgan kishidek kayfiyati koʻtarinki holatda quvnoq qoʻshiq aytib uyiga qaytadi.
— Men oʻz hayotimda juda koʻp saxiy odatlarni koʻrganman. Lekin, togʻda yotgan chaqirtoshni sovgʻa qiladigan Sobitga oʻxshash odamni aslo uchratmaganman, — deb tez-tez eslab yuradi Oybek.

Aytmatov. Hazil-mutoiba bilan be-arazlik yoʻldosh boʻlsa, dunyoda bundan yaxshisi yoʻq.

Shoxonov. Chike, adabiyot va san’at sohasidagi mashhur, ajoyib odamlar toʻgʻrisida koʻp gapirdik. Keling, endi pahlavon sifatida nom chiqargan odamlar toʻ-risida gaplashamiz.

Aytmatov. Ustiga ustak, qirgʻizlar bilan qozoqlar orasidan yelkasi yerga tegmagan polvonlar ozmuncha yetishib chiqqanmi!

Shoxonov. Balki, xalqaro maydonlarda qirq bora gʻoliblik medaliga sazovor boʻlgan Hojimuqon Munaytpasov toʻgʻrisida eshitgandirsiz?

Aytmatov. Eshitmay boʻladimi... Axir, u Ivan Poddubniyning shogirdi, dunyoga dong taratgan polvon-ku!

Shoxonov. Qiziq, bugungi kunlarni hisobga olmaganda, keyingi bir yarim asr mobaynida qozoqlar oilasida necha million oʻgʻlon dunyoga keldi ekan? Gap shundaki, ular orasidan shu paytgacha jismoniy kuch jihatidan Hojimuqondan oʻtadigani chiqmadi! Yashirmayman, Hojimuqon tugʻilgan sahroning farzandi boʻlganim uchunmi yoki bolaligimdan beri u haqdagi ertakdek hikoyalarni koʻp eshitganim uchunmi, ishqilib, hozirgi polvonlarning kurashi unchalik qiziq tuyulmaydi. Boz ustiga, yengil vaznli, pakana polvonlarning kurashi menga oʻzbek doʻstlarimiz tez-tez uyushtirib turishni yaxshi koʻradigan bedana urishtirishni eslatadi.

Unutilmas Hojimuqon — favqulodda hodisa. Janubiy Qozogʻiston viloyatidagi polvon tugʻilgan Temurobod qishlo-ida Hojimuqonning uy-muzeyi bor. Oʻsha yerda bitta fotosurat turibdi: yigirma kishi oʻtirgan aravaga arqon bogʻlangan, Hojimuqon esa arqonni tishlab, aravani tortib borayotir. Arava nima boʻpti! U yurib ketayotgan traktorning orqasidan koʻtarib, toʻxtatib qoʻyishi yoki chalqancha yotgancha ustidan mashinani oʻtkazib yuborishi mumkin edi. Koʻz koʻrib, quloq eshitmagan bunday voqealar polvon hayotida koʻp boʻlgan.

Aytmatov. Bir kitobda oʻqiganim bor: agar oʻzaro kurash boʻlganda, Hojimuqon hatto Poddubniy ustidan ham -alaba qozonishi mumkin ekan.

Shoxonov. Hojimuqonning pasportida tugʻilgan joyi deb Oqmula viloyati koʻrsatilgan boʻlsa-da, lekin uning asl vatani Oʻtror tumanidagi Oqtepa ovuli hisoblanadi. Bu toʻgʻridagi ma’lumotlarni mahalliy oqsoqollardan janubdagi taniqli tarixchi va bastakor Muhammadjon Rustamov yozib olgan:

«Hojimuqon tugʻilishi bilan uning otasi qarindoshlari bilan janjallashib qoladiyu koʻch-koʻronini koʻtarib ovuldan koʻchib ketadi. Munaytpasning oʻjarligini, murosasizligini bilgan qariyalar otlarga minishib, uning ortidan quvlab yetadilar. Suzoqda koʻchmanchilarga yetib oladilar. Qariyalar Munaytpasga qarab:
— Orqaga qayt! Qarindoshlaringdan uzilib ketma! Ota-onangni tashlab ketma! — deb qichqirishadi.
— Xafagarchilikni esingdan chiqar! Kek saqlama!

Shunda Munaytpas taqqa toʻxtab, qariyalarga yuzlandi-da, oyoqchalaridan ushlangan kichkintoy Hojimuqonni boshi uzra azod koʻtarib:
— Orqamizdan ergashmanglar! Agar yaqin kelsalaring, mana shu goʻdaqdan qamchi oʻrnida foydalanaman! — deb baqiradi.

Munaytpasning qarori qat’iy ekani koʻrinib turardi. Oqsoqollar afsuslanib bosh chayqaydilar va oʻjar inson bilan:
— Nachora, senga oq yoʻl tilaymiz... Qayerda boʻlsang ham Olloh oʻz panohida asrasin! — deb xayr-xoʻshlashadilar.

Munaytpas olis yoʻlini tanlaydi. Oqmula tuprogʻiga yetib boradi va oxir oqibat oʻsha yerda oʻrnashib qoladi. Hojimuqonning Oqmulada tu-ilgani toʻgʻrisidagi notoʻgʻri hujjat xuddi shunday yoʻsinda paydo boʻladi».

Hojimuqon ajoyib taqdir sohibi edi. Tabiatan koʻngli ochiq, ta’sirchan boʻlgan polvon adabiyotni, san’atni sevardi. Oʻz davrida Muxtor Avezov, Sobit Muqonov, Iso Boyzoqov kabi mashhur yozuvchilar bilan yaqindan aloqa bogʻlaydi. Aytishlaricha, oʻzi ham gapga chechan, usta roviy boʻlgan, she’rlar yozgan ekan. Bu gʻaroyib insonga bagʻishlab men «Hojimuqon xotirasi» nomli she’r yozganman. Oʻsha she’rimdan bir parchani oʻqib bermoqchiman.

Hojimuqon,
yuz oltmish ogʻirlikda,
bir oʻtirishda bitta qoʻyga toʻymagan,
elkasi yer koʻrmagan qozoq polvoni.
Shu kelbatu jasadi bilan
koʻngli nozik edi Hojimuqonning.
Sevar edi she’ru qoʻshiqni,
gohida oʻzi ham gʻazal toʻqib qoʻyardi...
Gʻoliblik saruposin
kiyib qaytgach,
ziyofat berishdi ovuldoshlari
uning sharaf-shoniga.
Maqtovlar hattoki,
tegdi joniga.
—Siz nainki qozoqda
eng katta polvon,
endi tan oladi jumlai jahon!
—Toʻxtang, — dedi shunda Hojimuqon, —
Toʻxtang
Kurashda rostdan ham ilohiylik bor,
vujudni qamraydi telba bir qudrat.
Jismoniy kuch qachon boʻlar begʻubor?
Qachonki toʻq boʻlsa magiz va jur’at.
Bizda bordir mendan-da kuchli,
mendan-da qudratli zotlar!
Mana, qaranglar, —
deya mushtday bolani
davraga oldi.
Jimlik choʻkdi davraga uzoq...
Oʻsha bola edi, doʻstlar,
Muxtor Avezov.
Hojimuqon bashorati rost chiqdi:
oʻttiz olti kuz-qish oʻtib oradan
taniqli bir yapon polvoni
oʻqib chiqib, oʻsha oʻsmir kitobin
kundalik daftariga yozdi daf’atan —
«Qanday qudrat!
Oʻqidimu satrma-satr
kuchsizligim sezdim oʻzimni!»

Aytmatov. Oʻzing Hojimuqon bilan uchrashganmisan?
Shoxonov. Yoshi bir joyga borib qolgan boʻlsa-da, Ulugʻ Vatan urushi yillarida polvon koʻplab ovullar boʻylab safar qiladi, jamoatchilik bilan uchrashadi. Uchrashuvlarda toʻplangan pullarni zavodga topshiradi. Oʻzining nomida samolyot tayyorlatib, frontga joʻnatadi. Oʻz vaqtida Stalin unga maxsus telegramma yoʻllaydi: olijanob xatti-harakatlari uchun minnatdorlik bildiradi.

Besh yasharlik paytimda Hojimuqon bizning kolxozimizga kelib, oʻzining hunarini namoyish qiladi. Ertadan kechgacha qaddini koʻtarmay mehnat qiladigan odamlar oʻzlarining koʻzlariga ishonmay qoladilar: mashhur polvon namoyish etayotgan moʻ’jizalarni maroq bilan tomosha qiladilar. Biz u paytlari hozirgi Tolibiy tumanidagi Qashqasuv ovulida yashardik. Otam bilan Hojimuqon bitta urugʻdan boʻlgani uchunmi ular qarindosh sifatida bir-biriga intilardilar. Balki, ruhiy yaqinlik ularni birlashtirgan boʻlsa-da ajab emas. Xullas, tomoshadan soʻng Hojimuqon ovul bolalarini gala-gala qilib orqasidan ergashtirgancha bizning uyimizga keladi. Otam aziz mehmon sharafiga bittayu bitta echkimizni soʻyib, qon chiqaradi. Qoʻni-qushnilarimiz, doʻst-yorlarimiz chaqirilib, kichkina toʻy uyushtiriladi. Uyimizning butun toʻrini togʻday boʻlib yonboshlab yotgan polvon egallaydi. Qoʻltigʻida qoʻsha-qoʻsha yostiq, shoshilmasdan choy ichadi. Yuzlaridan tinimsiz ter oqardi, dasturxonday keladigan dastroʻmoli bilan oʻzi terlarini artardi.

Rahmatli onam aytib yuradigan hikoyalarga qaraganda, men xuddi ohanraboga oʻxshab palaxmon-polvonga yopishib olgan ekanman: uning ustiga minib, mushakdor yelkasigacha oʻrmalab borib, soʻng beqiyos qorniga emaklab tushaman, keyin tizzalariga sakrab oʻtaman, xullas, qir-adirda oʻynab yurgan echki misoli rosa mazza qilaman. Hojimuqon esa kulumsiragancha choy ichish bilan ovora boʻladi; menga xuddi yelkasida chivin oʻrmalab yurganday e’tibor beradi, xolos.

Chike, aytishlaricha, Hojimuqon bir marta qirgʻizlarning polvoni Xoʻjamqul bilan ham uchrashgan ekan.

Aytmatov. Toʻgʻri. Yoshlikdan kambagʻalchilikda oʻsgan Xoʻjamqul voyaga yetgach, juda usta polvon boʻlib ketadi. Guvohlarning aytishicha, uning boʻyi shu qadar baland ekanki, tuyada oʻtirgan kishining yelkasi bilan barobar boʻlar ekan. Qilichday qayrilma qoshlari, oʻrdakburni har qanday odamning yuragiga gʻulgʻula solarkan. Asr boshlarida Pishpekda har yili katta tomosha boʻlardi. Tomosha oxirida polvonlar kurash tushardilar, chavandozlar poyga chopishardi. Xitoyliklar bellashuvga oʻzlarining «buqa» polvonlarini olib kelishadi. Qadim zamonlardan beri polvonning jangovar qobiliyatini oshirish uchun unga tashqi koʻrinishiga mos ravishda laqab beriladi: masalan, «tuya», «buqa», «qoʻchqor» kabi. Qisqasi, «buqa»ni toʻrt oyoqlatib, ustiga jul yopadilar, boʻyniga noʻxta soladilar va kurash maydonining oʻrtasiga olib chiqadilar. «Buqa» oyoq-qoʻllarini siltab, palaxsa-palaxsa yerni yumdalab atrofiga otib turadi, dahshatli tovushda boʻkiradi. Oldindan berilgan bunday ruhiy zarbalarga dosh berolmagan ba’zi bir qirgʻiz polvonlari dir-dir titraydilar-da obroʻylarining borida juftakni rostlab qoladilar. Ilgari bunaqa ajoyibotni koʻrmagan odamlar ham esankirab, nima qilishlarini bilmay qoladilar. Xorijdan kelgan qandaydir polvonga bosh sovrin berib yuborilsa, el-yurt isnodga uchrardi. Navbati bilan aymoq nomlarini qichqirishib, zoʻrman deganini oʻrtaga chorlay boshlaydilar.

Shu payt oʻrtaga qoyaday bir zot chiqib keladi. Bu Xoʻjamqul edi. Xitoydan kelgan «buqa» shu zahoti ustidan julni uloqtirib tashlaydi, noʻxtani ham otib yuboradi va boʻkirgancha kurashga otiladi. Xitoylik polvon chapdastlik qilib, hiyla-nayrang — usul ishlatishga harakat qilsa-da, ammo oradan birmuncha fursat oʻtgach, qudratli va sobit Xoʻjamqul «xap!» deydiyu «buqa»ni boshi uzra azod koʻtaradi. Nafasini ichiga yutgan holda musobaqani tomosha qilishib oʻtirgan qirgʻizlar hayratdan dong qotib qoladilar. Soʻng: «Voh, arvoh!» deb qichqirishgancha yengil tin oladilar. Tomoshabinlar tomonidan ruhlantirib yuborilgan Xoʻjamqul raqibini havoda aylantirib-aylantirib, yerga uloqtiradi...

Aynan oʻsha olishuvdan keyin polvon xalq oʻrtasida shuhrat qozonadi va umrining oxirigacha magʻlubiyat nimaligini bilmay oʻtadi.

Hojimuqon bilan Xoʻjamqulning uchrashuvi toʻgʻrisida qariyalar bunday hikoya qiladilar. U paytlari Hojimuqon tsirkda qatnashib yurar, nihoyatda mashhur edi. Gastrol safari chogʻida u tasodifan Pishpekdagi mol bozoriga kirib qoladi. Har tomondan kelgan olomon polvonni tanib, atrofini qurshab oladi. Polvonni oʻrtaga olishib, bilq-bilq oʻynab turgan mushaklarini qiziqib tomosha qiladilar. Darhol yaqin joyga oʻtov tikadilar, ot soʻyadilar, qimiz topib keltiradilar.

Xaloyiq polvonning hikoyalarini ogʻzi ochilgan holda tinglaydi: Afrikada qop-qora habash polvonini qanday qilib chirpirak etib yerga urganini, yapon polvoni Sar-Ki-Ki netib magʻlub boʻlganini Hojimuqon batafsil soʻylab beradi. Qizishib qolgan xalq Hojimuqon bilan Xoʻjamqulni oʻzaro kurashga tushirib koʻrmoqchi boʻladi. Koʻp oʻylab oʻtirishmasdan gʻolibga sovrin tayinlaydilar: odat boʻyicha uch boʻlakdan iborat sovrin e’lon qilinadi. Har bir boʻlakda toʻqqiztadan sovrin boʻladi. Xoʻjamqulni chaqirib kelish uchun ovulga bitta chavandozni joʻnatadilar. U tezda yetib keladi va yoshi ulugʻ boʻlgani uchun Hojimuqon qoshiga borib ta’zim bajo keltiradi.

Misli koʻrilmagan olishuv boshlanayotgani toʻgʻrisidagi xabar yashin tezligida toʻrt tarafga yoyiladi. Toʻplangan xaloyiq ikkiga boʻlinadi. Hamma olishuv boshlanishini sabrsizlik bilan kutadi.

—Hoji aka, biz ikki qardosh xalqning farzandimiz. Bir yuzdagi ikki koʻz kabi yaqinmiz, bizni bir-birimizdan ajratib boʻlmaydi. Siz mening ogʻamsiz, men sizga ini boʻlaman. Birimiz gʻolib kelib maqtanib yursak, boshqamiz magʻlub boʻlib tuproqqa belanib yotsak yarashmaydi. Boz ustiga, siz bizning aziz mehmonimiz boʻlasiz. Agar men siz bilan bellashadigan boʻlsam, ota-bobolarimizning ruhi hech qachon kechirmaydi. Yaxshisi, sovrin sizga boʻlsin! — deb Xoʻjamqul olishmasdan sovrinni in’om etib yuboradi.

—Oʻzim ham seni nima qilishingni kutib turgandim. Endi bildim, bu dunyoda koʻp narsani koʻribsan, koʻp narsani tushunib yetibsan. Qirgʻiz xalqi senday farzandi borligi bilan har qancha faxrlansa arziydi. Iloyim, baxtingni topgin! — Hojimuqon qirgʻiz inisini bagʻriga bosib, peshonasidan oʻpadi.

Soʻng Hojimuqon oʻzining sovrinini shu yerdayoq kambagʻallarga, gʻariblarga, yetim-yesirlarga taqsimlab beradi.

Shoxonov. Sizningcha, Hojimuqon bilan Xoʻjamqulni hozirgi dunyoga dong taratgan sport yulduzlariga tenglashtirish mumkinmi? Axir, bizning polvonlar faqat qudratli darajada jismoniy kuchga ega boʻlib qolmasdan, ayni chogʻda cheksiz ruhiy, ma’naviy boylikka ham ega edilar...

Aytmatov. Hozir «yulduzlar» koʻpayib ketdi. Bularni ustasifarang ishbilarmonlar vujudga keltirishyapti. Ayrim «yulduzlar» sport maydonida yoki estrada shohsupasida bir marta koʻrinish berib, millionlab dollar haq olishadi. Balki, hozirgi davrimizning odati shundaydir. Biroq, oʻzlarini dunyoning ustuni yoki superyulduz deb biladigan ba’zi bir nomdor sportchilar bilan gaplashib koʻrsang, ularning ma’naviy dunyosi naqadar qashshoq ekanidan hayron qolasan... Qachondir inson qalbining ma’naviy boyligi, ma’rifat, madaniyat ham oʻz qadrini toparmikan?

Shoxonov. Insoniyat paydo boʻlgandan buyon shu muammo dolzarb boʻlib turibdi. Chike, Muxtor Avezov toʻgʻrisida suhbatlashgan paytimizda Issiqkoʻldan yetishib chiqqan polvon Boʻltirik nomini eslagan edik...

Aytmatov. Avezovning dafn marosimida men ilk bora Boʻltirik bilan uchrashgan edim. Buyi pastak, baquvvat, kelishgan, koʻzlari chaqnab turadigan kishi edi. Nima uchun uni «Abayning oʻgʻli» deb atashlarini hozir ham bilmayman.

Shoxonov. 1916 yilning iyun oyida uni mardikorlikka olib ketishadi. Polvon Rossiyaning har xil azoblarini boshidan kechirib, nihoyat, taqdir taqozosi bilan Semipalatinsk tuprogʻiga kelib qoladi. Polvonning shon-shuhrati toʻgʻrisida ilgari ham eshitgan Abayning avlodlari uni izlab topishadi.
— Tinch-totuv zamon boshlansa, oʻz yurting Issiqkoʻlga qaytib ketishing mumkin. Hozircha esa Jidaboyda xuddi oʻz uyingdagidek yashayver, — deb aytishadi ular Boʻltirikka.

Uni aymoqlari huzuriga boshlab borishadi. Oʻtov tiklab, mol-hol berishadi. Qardosh xalq panohidan boshpana, izzat-hurmat topgan polvon tez orada Abay yurtining farzandlaridan biri boʻlib qoladi. Oʻsha yerda Fotima ismli qizga uylanadi, oila quradi. U paytlari Muxtor Avezov Leningradda aspiranturada oʻqirdi; oʻz yurtiga navbatdagi ta’tilga kelgan chogʻi Boʻltirik bilan yaqindan tanishadi. Aytishlaricha, Avezov aynan Boʻltirikka «Abayning oʻgʻli» degan nom bergan ekan. Asta-sekin ular qalin doʻst boʻlib qoladilar. Boʻltirik oilasi bilan Issiqkoʻlga koʻchib ketgandan keyin ham doʻstona aloqalari saqlanib turadi. Ma’lumki, vaqti-soati yetgach, Avezov Issiqkoʻl toʻgʻrisida roman yozmoqchi boʻlib yurardi: Sayoqboy, Boʻltirik kabi insonlarni oʻz asarida qahramon sifatida tasvirlamoqni istardi.

Aytmatov. Muxtor ogʻa bevaqt vafot etgach, men darhol Olmaotaga uchib bordim. Frunzedan Ali Toʻqumboyev va Suyunboy Eraliyev rahbarligida delegatsiya ham dafn marosimida qatnashdi. Marhumning tobutini yelkasida koʻtarib borgan insonlardan biri — Boʻltirik edi. Hozir oʻzi ham narigi dunyoga rihlat qilgan.

Shoxonov. Chike, dastlab, Sizning asarlaringiz sabab boʻlib qirgʻiz xalqiga nisbatan menda qiziqish uygʻongan edi. Ikkinchi sabab sifatida Joʻlon Mamitovning, shubhasiz, kuchli ta’sirini aytib oʻtishim mumkin. Uning sharofati bilan «Manas» oʻgʻliga boʻlgan hurmatim yanada ortib ketdi.

Joʻlon bilan biz Moskvada yosh yozuvchilarning kengashida tanishganmiz. U dargohi keng inson edi. Lekin, yolgʻonchi, munofiq kimsalarni koʻrsa aslo toqat qilolmasdi. Ajoyib, oʻziga xos qirgʻiz shoiri bilan biz umrining oxirigacha qalin doʻst boʻlib qoldik. Bundan keyin Joʻlonga oʻxshagan doʻstni uchratmasam kerak. Bizning har bir uchrashuvimiz bayram boʻlardi.
— 1969 yilda Joʻlon ikkovimiz M. Gorkiy nomidagi adabiyot instituti qoshidagi Oliy Adabiyot kursiga oʻqishga kirmoqchi boʻldik. Oʻsha yillarda Oliy kursda oʻqish uchun har bir respublikaga bittadan oʻrin berilardi. Qirgʻizistonning vakili tarzida Joʻlon hech qanday toʻsiqsiz oʻqishga kirib, Moskvaga joylashib oladi. U ikki-uch kunda menga telefon qilib, tezroq yetib borishimni iltimos qilardi. U paytlari Chimkentda yashardim. Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasining kotibiyati esa bir yil avval kaminani oʻqishga yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan edi. Bamaylixotir ishdan boʻshadim. Kerakli buyumlarimni olib, Olmaotaga bordim. Endi koʻpdan beri orzu qilib yurganim Moskvaga uchib ketishim lozim. Shu yerda hech kutilmagan muammolarga duch keldim. Ma’lum boʻlishicha, Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasining oʻsha paytdagi rahbarlaridan biri bu ishga aralashib, mening oʻrnimga yoshgina, koʻrkamgina shoira qizni yubormoqchi boʻlibdi. Qizning she’riyati ham oʻzi kabi goʻzal edi. Qoʻqqis yoʻlimga toʻgʻanoq boʻlgan adolatsizlik jahlimni chiqarib yubordi. Toʻgʻri, odat boʻyicha qiz bolaga yoʻl berish kerak edi. Shunday qilib, bitta oʻringa ikkita da’vogar chiqib qoldi. Poyga boshlandi.

Ikki kishi mening tarafimni oldi. Ulardan biri — qozoq she’riyatining mumtoz vakili Abdulla Tojiboyev. U birtalay yosh shoirlarning ustozi hisoblanardi. Ikkinchi tarafdorim — «Jazuvshi» nashriyotining direktori, taniqli yozuvchi Ilyos Yesenberlin. Ular mening nomzodimni himoya qilishib, Moskvaga — SSSR Yozuvchilar uyushmasining rahbariyatiga sim qoqdilar, har xil tavsiyanomalar yozdilar.

Chamasi, har ikki tarafning kuchi barobar edi. Shu bois bizga kelgusi yilgacha kurashib koʻrishimiz uchun imkon yaratdilar-da, Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasi oʻz oʻrnini Mugʻiliston Xalq Respublikasiga in’om etib yubordi. Men doʻstimga qoʻngʻiroq qilib, hamma gapni aytib berdim. Imkoniyatdan mahrum boʻlganimni eshitib, Joʻlon yigʻlab yuborayozdi. U ikkinchi kursni tamomlayotgan paytdagina men ham Moskvaga borishga muvaffaq boʻldim. Baxtga qarshi, uni yotoqxonada uchrata olmadim. Xat qoldirdim.

«Rossiya» mehmonxonasining men yashayotgan xonasi eshigini kechasi kimdir taqillatdi. Eshikni ochsam, ostonada Joʻlon turibdi. Uning yonida qorachadan kelgan muylovli yigit: Suymenqul Choʻqmorovni darrov tanidim.

Joʻlon bilan quchoq ochib koʻrishdik. Bir-birimizni bagʻrimizdan boʻshatmasdan xonaga kirdik. «Choʻqmorov Qirgʻizistonning timsoli», deb Joʻlon menga Suymenqulni tanishtirdi.

Muhtasham mehmonxonaning qoʻshni xonasiga Ilyos Yesenberlin joylashgan edi. Men unga Qirgʻizistondan mehmonlar kelganini xabar qildim. Vaqt allamahal boʻlib qolgan boʻlsa-da, u oʻrnidan turib chiqdi. Davramizni toʻldirib oʻtirdi. Oʻsha yillari uning tarixiy mavzudagi «Koʻchmanchilar» trilogiyasi («Tilsimlangan qilich», «Noumid bandalar», «Kenaxon» romanlaridan iborat) respublikamizda xalq hurmatini qozongandi. Yesenberlin oʻrta boʻyli, kumush sochli kishi edi. Ogʻir-karvonligi bilan nom chiqargan ulkan adib oʻsha kecha oʻzini emin-erkin his etdi; u bizga tarix sirlaridan qiziqarli hikoyalar aytib berdi. Joʻlon ikkovimiz goh qirgʻiz, goh qozoq tilida oʻz she’rlarimizni oʻqidik.

Yosh qirgʻiz rejissyori Boʻlat Shamshiyevning «Issiqkoʻlning qizgʻaldoqlari» filmida Qorabolta rolini yaqindagina ijro etgan Suymenqul birdan:

—Umrzoq Aytboyev degan qozoq olimini taniysanmi? — deb soʻrab qoldi.

—Nega tanimas ekanman! — deb xitob qildim. — Qaddi-qomati kelishgan koʻrkam inson. Xuddi ilgarigi zamonlardagi hofizlar kabi juda yaxshi ashula aytadi. Men uni inson sifatida ham, oʻz xalqining munosib farzandi sifatida ham nihoyatda hurmat qilaman.

Mening soʻzlarim Suymenqulni bagʻoyat toʻlqinlantirib yubordi.
— Qisqasi, qozoq bastakori va shoiri Birjonning «Temirtosh» qoʻshigʻini qanday aytishni men oʻsha odamdan oʻrgandim. «Issiqkoʻlning qizgʻaldoqlari» filmida doʻmbira chalib oʻtirgan Qorabolta shu qoʻshiqni ijro etadi. Umrzoqning ovozi menikidan koʻra musiqaviy, ochiq boʻlgani tufayli filmda uning ovozi ketadi. Men faqat ogʻzimni qimirlatib oʻtiraman, xolos. Filmni suratga olish jarayonida har xil tryuklardan foydalandik, — dedi Suymenqul kulumsirab. Keyin boyagi eslatilgan qoʻshiqni ayta boshladi. Yoqimli tovushi kichik xonamizga sigʻmasdan, bepoyon kengliklar boʻylab parvoz etishni istardi.

Gap gapga ulanib, Muxtor Avezovga borib taqaldi. Shunda Suymenqul toʻlqinlanib:

—Bu ulugʻ zotning qirgʻiz xalqi uchun qilgan yaxshiliklarini hech qanday tillo bilan ham oʻlchab boʻlmaydi, — dedi. — Hozir shunday bir zamonki, Moskvaning ruxsatisiz ovulda hatto tovuqxona qurib boʻlmaydi. Biroq, vaqti-soati kelgach, qirgʻizlar albatta Muxtor Avezovga haykal oʻrnatishlari kerak!

—Shaxsan men allaqachon Avezovga haykal oʻrnatib qoʻyganman! — dedi Joʻlon.
— Qanday qilib?! — deb hayron boʻldik.
— Abayning suyukli xotini boʻlmish Oykoʻrimning ismini men oʻz qizchamga qoʻydim. Uni Muxtor Avezov oʻz asarida ilhom bilan tasvirlaydi.

—Goʻzal! Menimcha, endi katta tost aytadigan payt boʻldi, shekilli, — deb Ilyos Yesenberlin oʻrnidan turdi. — Qachonlardir buyuk Abayni asir etib qoʻygan toʻngʻich Oykoʻrimning fazilatlari kelajakda bizning kichkintoy Oykoʻrim qizimizga ham nasib etsin!

—Rahmat, Ilyos ogʻa! Siz ham ajoyib insonsiz, qozoq diyorining ulkan farzandisiz. Iloyim, aytgan gaplaringiz roʻyobga chiqsin! — dedi Joʻlon hayajonlanib.

Mana shunday samimiy, koʻngilochar suhbatlar bilan ovora boʻlib tong otganini ham bilmay qolibmiz.

Aytmatov. Ha, Joʻlon bilan Suymenqul — biri oʻzining teran she’riyati bilan, ikkinchisi — rassomlik va aktyorlik san’ati bilan qirgʻiz madaniyatining notekis yoʻlida sezilarli iz qoldirdilar.

Boʻlat Shamshiyevning «Qarash dovonidagi otishma» filmida 1968 yili Baxtigul rolida suratga tushayotgan chogʻlari Suymenqul ikki buyragini shamollatib qoʻyadi. Bu film Muxtor Avezovning asari asosida yaratiladi. Betob boʻlishiga qaramasdan kinochilikdan boʻsh paytlari yelkasiga asbob-anjomlarini tashlab, tabiat manzaralarini moyboʻyoqqa kuchirish uchun togʻ-toshlarga chiqib ketardi, Issiqkoʻl sohillarini kezib yurardi. Bokira tabiat qoʻynidan ajramasdi, ajoyib, hissiyotga boy rasmlar chizardi. Shuningdek, kino san’ati sohasida ham tinimsiz mehnat qiladi: Doniyor («Jamila»), Aqanqul («Koʻkserak»), Qorabolta («Issiqkoʻlning qizgʻaldoqlari»), Chjan-bao («Dersu Uzala») kabi yorqin, unutilmas obrazlarni yaratadi. Hozir ham ular bizning xotiramizda yashayapti.

Shoxonov. Eshitishimcha, Suymenqulning sogʻligiga yomon ta’sir oʻtkazgan baxsiz hodisa roʻy beradi. Bu voqea A.Vidugrisning filmini suratga olish paytida sodir boʻladi. Suymenqul unda Qosim rolini ijro etadi. Qoya boʻylab orqasiga chekinib borayotgan Suymenqul pastlikdagi qirrador toshlar ustiga qulab tushadi. Boshqa paytlari shunday hodisa roʻy berib qolsa, akter hech narsa boʻlmaganday sapchib oʻrnidan turib ketaverardi. Biroq, bu gal hatto oʻrnidan qimirlay olmaydi. Yiqilgan chogʻida xasta buyraklari qattiq zaxa yeydi. Doʻstlari Frunzedan vertolyot chaqirishib, Choʻqmorovni kasalxonaga joʻnatishadi.

Kasalxonadan chiqqan Suymenqul suratga olish ishlarini qolgan joyidan davom ettirdi. Qattol qoyani yengib oʻtib, oʻz rolini nihoyasiga yetkazadi.

Aytmatov. Naql qilishlaricha, Olloh ham sabr-toqatli bandalarini yaxshi koʻrar ekan. Biroq, Choʻqmorov tortgan azob-uqubatlarni hatto gapirishning oʻzi azob. 1982 yildan boshlab to umrining oxirigacha, keyingi oʻn yil mobaynida u ellik olti marta operatsiya qilindi. Buning uchun qancha matonat, qancha kuch, qancha sabr-toqat kerak!

Shoxonov. Odamlarning aytishicha, Suymenqul ogʻir kasallikka chalinib, Moskvada bemorxonada yotgan paytlari Siz undan tez-tez xabar olib turar ekansiz.

Bitta juda zarur apparat olib berilishiga katta yordam berasiz...

Aytmatov. Men hayron qoladigan hech narsa qilganim yoʻq. Yanglishmasam, 1982 yilning bahor faslida rafiqam Mariyam bilan kasalxonada yotgan Suymenqulni borib koʻrdik. Uning koʻzlaridan hayotga, ijodga tashnalik yaqqol sezilib turgan boʻlsa-da, ammo oʻzi xiyla bukchayib, oriqlab qolgan edi.
— Dastlab, menga sun’iy buyrak qoʻyishmoqchi boʻldilar, — dedi Suymenqul. — Tavakkal qilishga rozi boʻldim, lekin vrachlar tavakkal qilishga koʻnmadilar.

Soʻng gap orasida, xorijda qandaydir qimmatbaho apparat bor ekan, oʻshani ichimga oʻrnatib qoʻyishsa, yana besh-olti yil yashashim mumkin ekan, deb qoldi. U kimdandir shu gapni eshitibdi.
— Buning uchun juda katta pul kerak. Pul topish qiyin. Nima boʻlganda ham, endi bu yogʻini taqdirimdan koʻraman...

Yuragim sirqirab ketdi. Bu oʻz fojiasiga tik qaray oladigan matonatli insonning soʻzlari edi. Odamni hayron qoldiradigan tomoni shunda ediki, u hamma narsa toʻgʻrisida istehzo bilan, hazil aralash gapirardi. Yordam-pordam haqida ishora ham qilmasdi.

Men ertasi kuni mana shu masala boʻyicha Markazqoʻmga uchrashdim. «Eski maydon»dan ruxsat olganimdan soʻng oʻsha paytdagi Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasining raisi Apas Jumagulovga sim qoqdim. Uning va Qirgʻiziston Kompartiyasi Markazqoʻmining birinchi kotibi Turdakun Usubaliyevning yordami bilan u paytlari bizda nodir hisoblangan shvedlarning buyrakni davolaydigan apparatini sotib olish uchun davlat byujetidan uch million soʻm pul ajratishga erishdik.

Shoxonov. Bilishimcha, oʻsha apparat sharofati tufayli nafaqat Suymenqulga, balki buyragi xasta boʻlgan yana yuzlab bemorlarga ham yordam beriladi.

Men Suymenqulning ogʻasi boʻlmish oqsoqol Namirbek Choʻqmorovni ayricha hurmat qilaman. Suymenqul kasalxonada yotgan yillar mobaynida u doim Frunzedan Moskvaga kelardi. Namirbek ogʻa haftalab, oylab jon talashib yotgan jigarining yonidan jilmasdi; bemorni parvarish qilardi, ruhini koʻtarardi. Bunday insonparvarlik har qanday qarindoshning ham qoʻlidan kelavermaydi.

Keyingi oʻn yil davomida «Fristul» apparati yordami bilan har bir-ikki kunda Suymenqulning qonini tozalab turishardi. Agar bunday kasalga chalingan bemor uch-toʻrt kun oʻsha apparatdan foydalanmasa, bevaqt vafot etishi hech gap emas. Namirbekning aytishicha, Suymenqulning qoʻllari, oyoqlari, boʻynilari, boshi — yoppasiga igna bilan ilma-teshik etib yuborilgan edi. Mana shu yillarda oʻtkazilgan 56 operatsiyani ham qoʻshib qoʻysangiz, beixtiyor yoqangizni ushlaysiz. Shunday boʻlishiga qaramasdan, u doim kinolarda suratga tushardi, yangi-yangi rasmlar chizar edi! Qozoq yoki qirgʻiz tuprogʻida tugʻilgan bunchalik ijodga tashna insonni shaxsan men hech qachon uchratmaganman.

Moskvadagi buyrak kasalliklari Markazining bosh vrachi, mashhur professor Aleksey Belousov Suymenqul toʻgʻrisida bunday degan edi: «Oʻz tajribamda minglab bemorlarga duch kelganman. Biroq, bu qadar hayratlanadigan darajada matonatli, ruhan bardam insonni hech qachon koʻrmaganman. U har bir ogʻir operatsiyaga mayda chivin chaqqanchalik ham e’tibor bermasdi». Axir, bu soʻzlar Choʻqmorov tabiatan boshqacha boʻlganiga dalil emasmi? Axir, u bekorga bukilmas, qat’iyatli, jasoratli insonlar timsolini yaratmagan-ku?!

Yana bir voqeaga e’tiborni qaratmoq lozim. Sizga ma’lum boʻlsa kerak, Suymenqul nihoyatda saxiy, olijanob inson edi. Boya eslatib oʻtganimiz, qonni tozalaydigan apparat Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilmasdi. Oʻz filmlari bilan Toʻlamush Ukeev Gollivud kinofestivalida qatnashadi. Natalya Arinbosarovaning sobiq eri, mashhur rejissyor Andrey Konchalovskiy oʻzining shaxsiy mablagʻiga oʻshanday qimmatbaho apparat xarid qiladi-da, T.Ukeevdan berib yuboradi. U bir paytlar Sizning qissangiz asosida suratga olingan «Jamila» filmida Suymenqul bilan birga qatnashgan edi.

Suymenqul oʻsha apparatlarni nima qiladi? Ulardan bittasini Belousov rahbarlik qiladigan markazga hadya etadi. Ikkinchisini oʻzi bilan bir palatada yotgan gurji yigitga beradi. Suymenqulning tomirlariga tikib qoʻyilgan uchinchi apparat esa oradan ma’lum vaqt oʻtgach ishdan chiqadi.
— Suymenqulning oʻlimi u bilan bitta kasalxonada davolanayotgan bemorlarga juda qattiq ta’sir qiladi, — deb eslaydi Namirbek ogʻa. — Insoniylik har doim hurmat qozonadi. Bir marta oʻn kunga uyga ketib, yana Moskvaga qaytib bordim. Qarasam, stol boʻm-boʻsh, yegulik hech vaqo qolmabdi. Ma’lum boʻlishicha, dori-darmon, meva-cheva xarid qilish uchun qoldirilgan hamma pulni Suymenqul oʻzi bilan yonma-yon yotgan oltoylik bir yigitga berib yuboribdi. Yigitning uyga qaytib ketishi uchun puli yoʻq ekan. Odatda, kerakli dorini topolmayotgan yoki boshqa biror muammoga duch kelgan bemorlar yordam soʻrab Suymenqulga murojaat

etishardi. Shundan soʻng u Toʻlamush Ukeev, Boʻlat Shamshiyev va oʻsha paytlari Tashqi ishlar vazirligida ishlayotgan Roza Otinboyeva, Stalbek Turgʻunboyev kabi yor-doʻstlariyu tanish-bilishlarini har xil iltimoslarga koʻmib tashlardi.

Tabiatan mehribon, saxiy boʻlgani tufayli Suymenqulning dafn marosimiga minglab ta’ziyachilar toʻplandilar. Kasalxonada birga davolangan turli millat vakillari sim-sim yigʻladilar. Ayniqsa, yigirma olti-yigirma yetti yoshlar chamasidagi qoʻltiqtayoqqa va onasining yelkasiga suyanib turgan rus yigitining soʻzlari koʻpchilikning yodida qoldi.
— Men allaqachon narigi dunyodagi marhumlar roʻyxatidan oʻrin olganman. Faqat Suymenqul topib bergan qimmatbaho dori-darmonlar tufayli umrimni uzaytirib yuribman, — dedi u hayajonlanib. — Menga hatto oʻzimning otam ham bunchalik yaxshilik qilgan emas. Endi tez orada men ham bu insonning orqasidan rixlatga kesam kerak. Biz onam bilan shu kunga atab besh ming soʻmga yaqin pul toʻplab qoʻygan edik. Hozir qoʻlimda oʻsha puldan uch ming soʻmi bor. Agar menga rahmingiz kelib, bu pulni olmasangiz, yuragimga xanjar urgan boʻlasiz. Mana shu pulni buyuk insonga sajda qilayotganimning belgisi sifatida qabul qilishingizni soʻrayman. — Yigitning samimiy soʻzlarini eshitishib, toʻplanganlar duv-duv kuzyosh toʻkdilar.

Avezovning asarlari asosida suratga olingan filmlarda Choʻqmorov yaratgan bosh qahramonlar nozik ma’naviy dunyosi, aql-idroki bilan ajralib turadi. Bular qozoq adabiyotining mumtoz namoyandasiga oʻrnatilgan oʻlmas yodgorlikdir. Sir emas, oʻshangacha qozoqlarning oʻzlari kino tilida Avezov asarlarining mohiyatini bu qadar yuksak darajada ochib berolmagan edilar. Agar Suymenqul hayot boʻlganda, shak-shubha yoʻqki, mustaqillik yoʻlini tanlagan Qozogʻiston Respublikasining xalq artisti boʻlardi. Shunday esa-da, Qozogʻistonning Qirgʻizistondagi elchixonasi tomonidan ta’sis etilgan «Oltin koʻprik» mukofotining eng birinchisini birodarlashuvga, ikki xalq madaniyatining taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan Suymenqul Choʻqmorovga taqdim etdik. Mukofot marhumning bevasi Salima Shobozovaga topshirildi (u kishi ham olamdan oʻtdilar). Elchixonaning Katta zalida Choʻqmorov asarlarining koʻrgazmasi ochildi. Unda Siz ham ishtirok etdingiz. San’atkorga yodgorlik oʻrnatganimizdan soʻng, u tugʻilgan ovulda Suymenqul Choʻqmorovning uy-muzeyi ochilishini soʻrab Respublika Prezidentiga, Hukumatga xat joʻnatdik.

Aytmatov. Axir, Joʻlon shoirona til bilan aytgan «Choʻqmorov Qirgʻizistonning timsoli» degan ibora hozir ogʻizdan-ogʻizga koʻchib yurmayaptimi?

Hozir Qirgʻizistonning qat’iyatli, qayragʻochdek bukilmas oʻgʻloni, deyarli har kuni oʻlim bilan yuzma-yuz boʻlib, hayot uchun kurashgan boʻlsa-da, oʻzidan keyin juda katta ma’naviy meros qoldirdi. Undan qolgan oʻchmas xotira tufayli oʻzining ikkinchi hayotini — oʻz asarlaridagi hayotini boshladi...

Eh, yonimizda qanchadan-qancha yulduzlar soʻnib ketdi...

Bizning suhbatimizga yakun yasaydigan birorta she’ring bormi?

Shoxonov. Bor.

Aytmatov. Sen uni yoddan bilasanmi? Oʻqi.

Shoxonov.

Anduhdan qoraygan, boʻybermas, qadim
ogʻriq singib ketgan oddiy xonada
jon berar Tolstoy shu onda, shudam.
Boshiga engashar shoʻrlik xotini
va shivirlar: «Rozi boʻl, ayblarim koʻp!»
Sukunat.
Oʻyladi: «Azizam, yigʻlama,
yigʻlama, dardlarim senikidan koʻp.
Bir oyoq goʻrdadir, bagʻring tigʻlama.
Sevgim qaytdi balo boʻlib boshimga,
loqaydliging etdi qalbimni gʻijim,
tushuna olmading... yashabqoshimda.
Bilaman, koʻnglingdan nelar kechadi,
Tolstoyga xotin boʻlish azob.
Undan-da ogʻirroq dardga chidadim —
tushunmaslik boʻldi senga bir mazhab.
Istasang — anglarding, istamading, yoʻq.
Yarim asr yonma-yon yashadik, ammo
birimiz suv boʻlib, ikkinchimiz choʻgʻ.
Men sendan roziman... endi alvido!»
Asta yumdi gʻussa bosgan koʻzini.
Tolstoy endi yoʻq. Mangulik daho!
Oʻz xotiniyat tushunmadi oʻzingni,
donolar ichinda, ey, sohibnavo!
Mehru muruvvatni izlaymiz qaydan?
Issigʻu sovuqdan xabar olar kim?
Uch narsani mezon bil, tushunish shartdir:
insoniy yuksaklik, teranlik, kenglik.
Qalbdan qalbga tekis soʻqmoq yoʻq, axir!
Anglamaslik — azob, goʻyo bir jarlik.
Yuzma-yuz kurashdir — yoʻl topmoq qalbga,
qanchalik tik boʻlsa, baxtga eltadi.
Nahot, tushunmaslik bandaning aybi?
Kim istamas tushunmoqni, yitadi!
Manzilga yetmagan qancha yoʻllar bor,
Loyqadan koʻmilgan buloqlar qancha ?!
Tushunmaslik — sotqin va xunxor,
zimiston qoʻynida boshlarni yanchar.
Jordano gulxanin yoqqan ham sensan,
Galileyni tiriklayin yutgan ham oʻzing.
Birjonni arqon-la yiqqan ham sensan,
sen oʻchirding Ulugʻbekning yulduzin.
Dunyoda tavqi la’natga botding,
senga hayf shirin soʻz, kechirim, shafqat,
Abayga qulochlab shapaloq tortding,
Avezovga yetdi, nihoyat, navbat,
hasadgoʻy koʻzlaring tikib suqlanding,
quloqqa chalindi gʻarib mish-mishlar:
«Roman degan bunday boʻlmaydi,
oʻqib koʻngul toʻlmaydi».
Avezov mish-mishlardan shunchaki kuldi:
Bahoni xalq berar va xalq unutmaydi!
Shunday boʻlganmi? Boʻlgan.
Demak, hisob-kitob tugamas hali.
Qarab turib tanimaysan. Soʻqirmisan, ayt!
Tushunmaslik ayb emas deb, kimlar aytadi?
Tushunishni istamaslik, bu ham jinoyat!
Tushunmaslik — begim kunlarining rutubatidir,
Ufqni yopib turar, kunduz kuyoshni.
Shahdam qadam tashlab yosh avlod boradir,
Hali tirik boʻlsak, tushunaylik mana shu yoshni!

Aytmatov. Endi esladim, men bu she’ringni oldingi kitoblaringdan birida oʻqigan ekanman. Bu oqilona, teran qoʻshiq.
Bulut oʻrab-chirmab olgan qoyaning choʻqqisi kabi biz yuqorida eslab oʻtgan zotlarning har biri oʻz hayoti chorrahalarida tushunmovchilik oqibatida ezilganlar. Sen she’rda shu narsani toʻgʻri ifodalagansan. Azal-azaldan buyon davom etib kelayotgan jon va jasad kurashida oʻzlarining qudratli iqtidori va bukilmas irodasi tufayli mudom gʻolib boʻlgan bu insonlar ham dorilbaqoga yuz tutdilar. Kimdir erta ketdi, kimdir kech. Avlodlarga soʻnmas yodgorlik — boy ma’naviy meros qoldirdilar. Ularning xotirasini yod etsang, koʻngul quvonchga toʻlib-toshadi, olam charogʻon boʻladi, dillar yayraydi! Ishonchim komilki, boshqalarning ulugʻ fazilatlarini, xatti-harakatlarini tan olish bilan ham dunyoviy saltanat taraqqiyotiga munosib ulush qoʻshish mumkin.

Birinchidan, ularni bilishimiz va eslab yurishimiz oʻzimiz uchun kerak. Ikkinchidan, aziz mozorlariga bir siqim tuproq tashlaganimiz bobolarimizning oʻlmas ruhi va qudrati oldidagi bizning farzandlik burchimiz ham shuni taqozo etadi.

Asrlar Soyasidagi Jinoyat Yoki Markiz De Sad, Dunanboy Va Afrika Ikki Tishli Baligʻining Zahri

«
...Zamindan mahrum qilish mumkin, boylikdan mahrum qilish mumkin, hayotdan ham mahrum qilish mumkin. Lekin, inson xotirasiga tajovuz qilish mumkin degan gapni kim oʻylab topdi?! Oʻ-oʻ, Xudoyim, biru borim oʻzingsan, netib odamlar koʻngliga bunday baloni solding? Axir, olamda bundan boshqa yovuzliklar ham tiqilib yotibdi-ku?!
Chingiz Aytmatov
»

{{quote|muallif=Muxtor Shoxonov| Bir shaffof ichindami, jazira kunda |Ucharga oʻtirib qilasan parvoz. |Zaminga qaraysan bulut qoʻynidan, |O, zamin tep-tekis misli oq qogʻoz. |Hilviroq jarligu hoʻ-oʻ, ilonli gʻor |Goʻyoki yotibdi sokin uyquda. |Masofa yashirar shunday sir-asror, |Masofa ismsiz, hidsiz tuygʻudir. |Ey, mening peshonam — nedir yozugʻing, |Suyanchim oʻzingsan, aytaman chindan: |Doʻst-dushman qalbiga gar tushsa koʻzim, |Qarayin uzoqmas, faqat yaqindan.

Shoxonov. Insoniyat tarixi mobaynida tirnoqlab toʻplangan ma’naviy boylik kundan-kunga qadrsizlanib borayotir. Shak-shubha yoʻqki, faqat Siz bilan men bunday fikrda emasmiz. Koʻpchilik shunday deb oʻylaydi. Shafqatsizlik va berahmlik ildiz otib borayotir, yaxshilik va mehr-shafqat oʻzining tabiiy bandargohidan kundan-kun uzoqlashib ketayotir. Bu jarayon qachon boshlandi?

Begona oʻtlar yulib tatshlanmasa, sholi koʻkarmaydi, hosil bermaydi. Oʻz vaqtida «oʻtoq» qilinmasa, inson ongining tilsimlangan.. sirhonalarida saqlanayotgan ibtidoiy instinktlar va sanamga aylantirilayotgan sadizmga moyillik kayfiyatlari bartaraf etilmasa, insoniyatga qarshi qaratilgan jinoyat dahanaki xavf-xatardan rasmona qoidaga aylanib qolsa ajab emas.

Tujjoriy televideniya ekranlari, kino va video salonlar «daxshatli filmlar»dan boʻshamay qoldi. Kechasiyu kunduzi ming maqomda yoʻrgʻalaydigan zoʻrovonlik, tahqirlash, qiynoq manzaralari mamnuniyat bilan namoyish qilinadi. Kitob doʻkonlari kallakesarlar, jallodlar toʻgʻrisidagi yengil-elpi oldi-qochdi asarlarga toʻlib-toshib ketdi. Bularning yuksak badiiylik tamoyillariga hech qanday aloqasi yoʻq. Lekin, suyak surish kasaliga malham boʻlishi mumkin. Boz ustiga, «ajal qurollari»ning har xil turlari shahar koʻchalarida oshkora sotilmoqda.

Aytmatov. Sen aytgan gaplar — achchiq haqiqat. Ayni chogʻda milliy axloq-odob, koʻnikma, strategik ideallarga mutlaqo yot boʻlgan va har kuni muvaffaqiyatli ravishda targʻib qilinayotgan «bozor ma’rifati», «yangicha turmush tarzi», afsuski, odamlar ongiga singdirilyapti. Shunday kunlarga ham yetib keldik. Yana bundan besh battar boʻladi. Bu ham achchiq haqiqat. Masalan, mutaxassislar oʻtkazgan tajribalarda isbotlandiki, hatto qoʻgʻirchoq qurol-yaroqni oʻynab voyaga yetgan bolakayning ruhiy olami janjalkashlik, jizzakilik, tajovuzkorlik jihatlari bilan yaqqol ajralib turar ekan. Oʻzimiz bilib-bilmasdan bolalarimizni yoshlik chogʻidan zoʻrovonlikka ishtiyoq ruhida tarbiyalayapmiz.

Aytmoqchi, sovet adabiyotining muhim vazifalaridan biri — oʻsmir-yoshlarni qahramonlik, vatanparvarlik ruhida, sotsializmning ashaddiy dushmanlariga nisbatan murosasiz va shafqatsiz boʻlish ruhida tarbiyalashdan iborat edi. Xoʻsh, farq nimada? Aslini olganda, hech qanday farq yoʻq. Ustiga qanday qayla surtib tortiq qilinishidan qat’i nazar, tarbiya qotillik asosida qurilgan boʻlsa, oxir oqibat oʻzini oʻzi oʻldiradigan kamikadzega yoki Jeyms Bondga ega boʻlamiz.

Shoxonov. Yapon faylasufi D.Ikedoy bilan hamkorlikda yaratilgan suhbat-kitobingizda Siz ustimizga bostirib kelayotgan zamonning badbin basharasi toʻgʻrisida gapirib: «Har bir oila oʻz farzandlarini har qanday mafkuraviy tajovuzkorlikdan himoya qilishga tayyor boʻlib turishi kerak», deb ogohlantirgan edingiz. Oʻsha ogohlantirishni eshitdikmi? Tushundikmi? Afsuski, koʻpchilik ota-onalar xavf-xatarni sezib, muhofazaga hozirlanish oʻrniga xuddi asov otdek boshi oqqan tomonga shataloq otib ketayotir.

Qachonlardir Ispaniyada bitta yozuvchining Sovet Ittifoqi toʻgʻrisidagi mana bunday fikr-mulohazalarini eshitgan edim: «Bolsheviklar sadizm va qonxoʻrlik vositasida mamlakat hokimiyatini egallab oldilar. Aybni ogʻirlashtiradigan bu holat voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan va u haqda kitoblardan oʻqib bilgan avlod taqdiriga, kelajagiga soya soladi». Bu soʻzlar koʻp yillar mobaynida qalbimda aks sado berib turdi.

Aytmatov. Bu gaplarni inkor etib boʻlmaydi. XX asrda insonparvarlik inqirozga uchragani bor gap. Bu inqiroz ancha ilgari boshlangan boʻlib, uning sabablari maxsus suhbatga mavzu boʻladi.

Nazarimda, bu masalaga batafsil toʻxtalib oʻtish lozim. Chunki, hech kimga sir emas, tabiatni qanday qilib asrash, ochlikdan, urushlardan, texnikaviy taraqqiyot keltirib chiqaradigan kulfatlardan himoyalanish toʻgʻrisida bosh qotirishdan avval ma’naviy ma’noda inson qanday qilib inson boʻlib qolajagini, nafaqat aql-idrokli mavjudot shaklida emas, balki his qiladigan, vijdonli inson qandoq boʻlishi kerakligini bilmoq kerak. Ma’lum darajada hayvonlarning ham aqli bor. Vijdon va his-tuygʻu faqat insonga xos xususiyatdir. Endi Gʻarbdagi insonparvar faylasuflarning nuqtai nazarini qoʻllab-quvvatlagan holda aytmoqchimanki, boshimizga yogʻilishi mumkin boʻlgan misli koʻrilmagan halokat — bu faqat atom, issiqlik quvvati kabi insonni (balki, jamiki tiriklikni) Yer yuzidan jismonan yoʻqotib yuboradigan xatargina emas, ayni chogʻda insoniyatning ichidagi insoniylikni tag-tomiri bilan mahv etib yuborishga qodir boʻlgan dahshatli halokat ham roʻy berishi mumkin. Bu degani — inson asil inson boʻlolmadi demakdir.

Shoxonov. Yoki insoniy qiyofasini yoʻqotgan inson paydo boʻladi.

Aytmatov. Unisi ham, bunisi ham — bir goʻr. Endi koʻnglingga gʻulgula solib qoʻygan ispan yozuvchisining boyagi soʻzlariga kelsak, menimcha, u bolshevizm mohiyatini juda sinchikovlik bilan ilgʻab olgan koʻrinadi. Masalaga atroflicha yondoshadigan boʻlsak, mustabid tuzum qayerda zaharli ildiz otgan boʻlishidan qat’i nazar uning mohiyati oʻzgarmaydi. Kezi kelganda diqqat-e’tiborimizni bitta muammoga qarataylik: sadizmni harakatga keltiradigan sabablar, omillar qanday boʻladi? U qayerda, nima uchun paydo boʻladi? Jamiyatning axloqiy asoslariga qay darajada ta’sir koʻrsatadi? Qanday oqibatlarni keltirib chiqaradi?

«Sadizm» degan iboraning chin ma’nosi nima ekanini ayrim kishilar bilmasa kerak. Xorijiy soʻzlar lugʻatiga murojaat etamiz. Fransuz yozuvchisi markiz de Sad (1740—1814) nomi bilan ataladigan ushbu atamaning ma’nosi — jinsiy buzuqlik, yostiqdoshiga jismoniy azob yetkazilgan taqdirdagina toʻla-toʻkis huzur qilinadi, shuningdek, haddan tashqari shafqatsizlik, boshqalarning azoblanishidan huzurlanish demak.

Yuqorida aytilgan gaplarga qoʻshimcha sifatida qayd etmoq lozimki, olimlar sadizmni bir necha turga ajratadilar: nasliy kasallik bilan bogʻliq boʻlgan sadizm; ruhiy kasallik sifatida roʻy beradigan sadizm; nashavandlik va ichkilikbozlik natijasida yuzaga chiqadigan sadizm ham boyagi toifaga mansub; nihoyat, ijtimoiy turmushning keskin izdan chiqib ketishi natijasida roʻy beradigan sadizm.

Dastlabki ikki guruhga aloqador sadizm sabablarini e’tibordan soqit qilmagan holda uchinchi — ijtimoiy guruh sabablarini koʻzdan kechiramiz. De Sad oʻzini e’tiqodli respublikachi deb hisoblardi. Hayron boʻlyapsanmi?

Shoxonov. Hm-m! Nima desam ekan...

Aytmatov. Qaysidir bir kitobda oʻqiganim bor, Fransiya inqilobi tajribalaridan markiz de Sad gʻaroyib xulosa chiqaradi.

Shoxonov. Qiziq. Qanday?

Aytmatov. Mana bunday: inqilobiy tuzum sharoitida insoniyatga qarshi qilingan biron-bir jinoyat qoralanmasligi lozim. Chunki, bunday sharoitda jinoyat odatiy taomilga aylanib qoladi.

Shoxonov. Nayrangbozlikni qarang!

Aytmatov. Asti qoʻyaverasan. Uddaburonlik, ustamonlik bobida uning aql-idrokiga tan bermay ilojing yoʻq.

De Sadning janjalli fitnalarga, ishqiy mojarolarning mayda-chuyda tafsilotlariga boy boʻlgan hayoti uning romanlariga koʻchib oʻtadi va manfur shafqatsizlikning namunasi boʻlib xizmat qiladi. Qizigʻi shundaki, yovuzlik ildizi va shaxsiy tubanlik sabablarini markiz oʻz zamonasining illatlaridan axtaradi. U yashagan zamon halokatlar shiori ostida kechadi. Chunki, fransuz asilzodalarining quyoshi soʻnadi, dvoryanlar oʻzlarining azaliy hokimiyatidan, qudratidan mahrum boʻladilar; inqirozga, parokandalikka, axloqiy buzuqlikka yuz tutadilar. Avvalgi imtiyozlardan faqat bittasi saqlanib qoladi — mustabid hukmdorning mavqeini tiklash uchun kurash huquqini boy bermaydilar. Oʻsha hukmdor esa: «Har bir erkak toʻshakda mustabid boʻladi», degan tutum asosida koʻngliga kelgan noma’qulchilikni qiladi.

Shoxonov. Markiz de Sad goʻshangida mustabidning hassasini uchratib qoladiyu undan unumli foydalanadi, soʻng huzur-halovat bilan azob-uqubatning farqiga bormay qoʻyadi. Islovatxonaga tashrif buyurgan chogʻi qoʻliga qamchi olib, yostiqdoshini oʻlar holatga yetguncha savalaydi-da, keyin oʻzini oʻzi yumdalaydi. «Uzil-kesil ishonch hosil qildimki, bu tartib cheksiz huzur-halovat bagʻishlaydi», deb oʻz taassurotini takror-takror qayd etadi.

Uning «Jyustin» romanida shafqatsizlik sahnasi tasvirlangan yorqin bir parcha bor: Jerkand ismli qahramon dastlab oʻz xotinini yarador qiladi, soʻng qonni koʻrib jazavasi tutadi — bundan oʻzini yoʻqotar darajada zavq oladi. Har haftaning ma’lum bir kunida mana shu holat takrorlanaveradi. Qop-qora qoniga belanib, ayol sulayib qolgandan keyingina qahramon huzurbaxsh qiliqlarini bas qiladi. Ayolning Jyustinga sadoqati, kamsuqumligi tahsinga sazovor. Choʻri boʻlib kelgan xonadonda u misli koʻrilmagan azob-uqubatlarni boshidan kechiradi. Zoʻrlab uning nomusiga tegadilar, xochga tortadilar, qamchi bilan savalaydilar, itlarga talatadilar, bamaylixotir tomirini kesib, qop-qora qonini oqizadilar... Erkak uning boʻyniga sirtmoq solib, asta-sekin boʻgʻa boshlaydi; bu paytda oʻzi toʻshakda boshqa bir fohisha bilan don olishib yotadi. Boʻgʻilayotgan ayolning ihragan tovushi erkak jazavasini yanada oshirib yuboradi. Ayol hushidan ketib yiqilgandan keyingina sirtmoq boʻshatiladi. Muallif bunday jirkanch sahnalarni nihoyatda koʻtarinki ruhda, maroq bilan tasvirlaydi.

Yovuzlik hech qachon jazosiz qolmaydi. Ertami-kechmi, baribir javob berishga toʻgʻri keladi. Oʻsha markiz de Sadning hayoti ham sarson-sargardonlikda kechadi. Uni bir necha marta qamaganlar, ta’qib etganlar. Mamlakat boʻylab rosa tentirab yurgan vasvos oxiri Italiyaga qochib qutiladi. Zamondoshlari u haqda: «1778 yil 7 sentabr kuni italyanlar de Sadni yirtqich hayvon sifatida temir panjarali qafasga qamab, Vensenga eltib tashladilar», deb yozadilar.

Italiyada de Sadning jinsiy kasali yana xuruj qilib qoladi. Sharmandai sharmisor boʻlib vataniga qaytib borgach, oshkora vahshiylikka chek qoʻyadi va yangi paydo boʻlgan yozuvchi sifatida nom qozonadi. Tabiat qoʻynidan panoh topib, sir-asrorini qogʻozga ishonib toʻkadi.

Aytmatov. Shunday qilib, markiz de Sadning bedavo dardi, axloqsizligi, shafqatsizligi, qonxoʻrligi, tiyiqsizligi uning asarlarida oʻz aksini topadi. Eng afsuslanarli joyi shundaki, mana shunday alahsirashlarni u mutlaqo jirkanmasdan, zoʻr gʻayrat-shijoat koʻrsatib tasvirlaydi. De Sadning kitoblarida yovuzlik tarannum etiladi. U hayot paytida faqat la’natlar eshitadi, xolos. Oʻlimi arafasida esa oʻz ustidan ayovsiz hukm chiqaradi: «Hatto mozorimdan ham nom-nishon qolmaydi. Ishonchim komilki, men toʻgʻrimdagi har qanday esdalik ham odamlar xotirasidan oʻchib ketadi», deydi u. Nadomatlar boʻlgaykim, uning asarlari hozirgi kunlarda koʻplab xorijiy tillarga tarjima qilinayotir va millionlab nusxalarda nashr etilyapti. Bu boshi berk koʻcha.

Shoxonov. De Sad asarlarida tasvirlangan ma’naviy qashshoqlik, ashaddiy shafqatsizlik manzaralari faqat la’natlashga loyiq. Oʻz onasini zoʻrlagan murtad, qizini oʻziga oʻynash tutib, soʻng uning murdasini ovloq joyga eltib tashlaguncha yalab-yulqab borgan vasvos ota haqidagi parchalarni oʻqishning oʻzi ham azob. Shunday boʻlsa-da, de Sad kitoblarini oʻqishga mushtoq boʻlgan kitobxonlar juda koʻp ekan.

Aytmatov. Aytaylik, Beriyaning jirkanch, razil sarguzashtlari toʻgʻrisida yozilgan kitob paydo boʻlsa, shunchaki qiziqish yuzasidan oʻqib koʻrarmidim? Rostini aysam, aslo oʻqimayman. Qiziquvchilar uchun hozir shu toifadagi asarlar kitob chayqovxonalarida bosilib yotibdi. Bunday asarlarning mualliflari kim? Ularni it ham bilmaydi. Lekin, bir narsa aniqki, ular «adabiyot» vositasida harom boylik toʻplamoqchi boʻlib yurgan kimsalardir. Afsuski, ular toʻla-toʻkis erkinlikni qoʻlga kiritishgach, sodda oʻquvchining ehtiyojini qondirish uchun tuban nafsiga erk berib yuborishdi. Unday kimsalar uchun hech qanday muqaddas narsa yoʻq. Demokratiyaning teskari natijasi shunday boʻladi.

Shoxonov. Yaqinda «Dunyo yangiliklari» jaridasida quyidagicha mazmundagi e’longa koʻzim tushib qoldi: «Yoshim oʻttiz yettida. Baland boʻyli, kelishgan, istaram issiq. Kaltaklanishdan huzur qiladigan, jinsiy muloqot boshlashdan avval tasma yoki qamchi yordamida jismoniy azob tortishni istaydigan ayol yoki qiz bilan tanishsam, xursand boʻlardim... Oʻrin almashuv imkoniyati ham istisno etilmaydi». Shundan soʻng, bir ayol bilan bogʻliq boʻlgan voqea esimga tushdi. Uning gʻalati sa’y-harakatlari mening bolalik tasavvurimni ostin-ustin qilib yuborgan edi.

Ovulimizda yoqimtoygina ayol boʻlardi. Tinchgina uy yumushlarini bajarib yuradigan oʻsha ayol birdan jini qoʻzib, jamoat joylarida xurmacha qiliqlarini namoyish eta boshladi. Hech qanday sababsiz odamlarning koʻz oʻngida erining jigʻiga tegadigan, uni changitib soʻkadigan, doim janjallashadigan odat chiqardi. Nihoyat, erning toqati toq boʻladi va ayolning esini kiritib qoʻyishga ahd qiladi. Dod-faryodni eshitgan qoʻshni xotinlarning yuraklari achishib: «Voy, bechora, sogʻ joying qolmabdi-ku! Bemaza qiliqlaringni tashlasang boʻlmaydimi?» deb taskin berishadi. Oʻsha ayol shunday deb javob qaytaradi:
— Erim kaltaklayotgan paytda yelkalarim shunaqayam mazza qiladiki, voy, shunaqayam yaxshiki, goʻyo onadan yangi tugʻilganday boʻlaman!

«Iye, bu qanaqasi boʻldi? — deb hayron boʻlardim oʻshanda. — Axir, odam kaltak yeyayotgan paytida ham mazza qiladimi?»

Keyin men «mazoxizm» degan iborani eshitdim. Tushundimki, bu inson ruhiyatining murakkab jumboqlaridan biri ekan. De Sadning dalil-dastaklari bilan ovulimizdagi ayol tarixi oʻrtasida qandaydir koʻzga koʻrinmas bogʻliqlik bor: ayol erining kaltaklarini tilab oladi, kaltaklar unga muolaja misoli ta’sir etadi. Balki, bunday holatni odatdagi qoliplarga sigʻmaydigan maxsus mizoj deb baholamoq kerakdir?

Bir safar Marqadan mashinada qaytib kelayotgandim. Vaqt yarim kechaga yaqinlashib qolgandi. Uzunyogʻoch qishlogʻidan oʻtib, GAI xodimining olatayogʻi yoʻlimni toʻsganini koʻrib qoldim. Toʻxtadim.

—O-o, sizmisiz, Muxtor ogʻa? Yarim kechada qayoqdan kelyapsiz? — dedi militsioner kaminani tanib. Soʻng: — Aybga buyurmaysiz, iltimosim bor, bitta yigitni Olmaotaga tashlab oʻtolmaysizmi? — dedi.

—Mayli, chiqsin. Oʻzim ham yolgʻizlikdan zerikib ketyapman... Qani, yigitcha, yoʻlimizni bersin! — deb notanish hamrohimni suhbatga tortmoqchi boʻldim.

—Birdaniga oltita ayolni oʻldirgan yigitcha toʻgʻrisida eshitdingizmi? — deb soʻradi u.

—Yomon gap tez tarqaladi. Eshitdim.

—Men oʻsha ish boʻyicha tergov olib boryapman.

—Chamamda, oʻsha yigit sal anaqaroq boʻlsa kerak?
— Yoʻq, — deb bosh chayqadi tergovchi. — Aql-hushi joyida. Uzunyogʻoch qishlogʻida tugʻilib, oʻsgan. Maktabni ham yomon tugatmagan. Oʻzining iqror boʻlishicha, qurbonliklarini oldindan tanlab qoʻygan. Yuzma-yuz qolishgach, yigit qulochkashlab uzun pichogʻini ayolning yuragiga sanchadi va dastasidan ushlab aylantira boshlaydi... Bechora joni chiqayotgan paytda it azobini tortadi. Ma’lum boʻlishicha, jon talvasasiga tushib qiynalayotgan ayolning holati esa yigitga soʻz bilan ifodalab boʻlmaydigan darajada huzur-halovat bagʻishlaydi. Qurbon qanchalik koʻp vaqt qiynalsa, qotilning halovati ham shu qadar uzoq davom etadi. — Oldimizda Olmaota chiroqlari koʻrina boshlagan chogʻ: — Muxtor ogʻa, mashinani toʻxtating, men sizga bitta surat koʻrsataman, — dedi tergovchi.

Indamasdan mashinani toʻxtatdim. Hamrohim sumkasini ochib, undan surat olib uzatdi: stol ustida kesib olingan ayol kishining boshi turardi, sochlari bir tutamgina boʻlib qolgan, yuzi oppoq, koʻzlari yumiq.
— Uning oxirgi qurbonligi, — deb izoh berdi u. Koʻnglim buzilib ketdi. Tergovchi hikoyasini davom ettirdi.
— Leningraddan maxsus taklif etilgan mutaxassislarning taxmin qilishicha, jinoyatchining yettinchi avlodidagi bobosi juda usta jallod boʻlgan ekan. Boshqacha aytganda, bu odamxoʻrning qotillikka, oʻz qurbonini shafqatsizlik bilan azoblab oʻldirishga moyilligi nasl-nasabidan oʻtib kelgan. Shunday boʻlgan taqdirda, u oʻzi istamagan holda ham yovuzlik qilishi mumkin.

Odamning sochini tikka qilib yuboradigan hodisalar tarixda koʻp boʻlgan. Misol uchun XVII asrda yashagan qonxoʻr ayol, mojor grafinyasi Yelizaveta Batorni olib koʻraylik. Bu asilzoda xonim maxsus oʻldirilgan qizlarning issiq qoniga toʻldirilgan vannada choʻmilishni yaxshi koʻrardi. Qon toʻldirilgan vannada choʻmilayotgan paytda xonim oʻzini nihoyatda baxtiyor his etardi. Bundan tashqari, badanga rohat bagʻishlagan narsa foydali hisoblanardi: goʻyo yosh qizlarning issiq qonlari goʻzallikni mustahkamlar emish. Yalmogʻiz 650 nafar dehqon qizlarining yostigʻini quritadi.

Asrimiz boshlarida Gʻarb tafakkuri an’anaviy qadriyatlarni kuppayakun qilib tashladi: tajriba bahonasi «uch mezonli olam» tushunchasi moddiylashtirildi, qoliplarga solindi; soʻngra inson tabiati va dunyoning astari agʻdarib koʻrildi. Ta’qiqlangan, boshqacha tuyulgan, noma’lum narsalar Gʻarbning kasal nigohini oʻziga qaratdi. Odatdagi, an’anaviy ijobiy narsalarga qiziqish susayib ketdi, qadrsizlandi. Yevropa tafakkurining mana shu poydor dasturi XX asr adogʻida Gʻarbning umumiy holatini va madaniy yoʻnalishini belgilab berdi.

Sadizmning ildizlari juda chuqurliqda joylashgan ongsiz quvvatlarga borib tutashdi. Bu hodisani tadqiq etish borasida gʻarblik ruhiyatshunoslar ma’lum bir natijalarga erishdilar. Yevropa madaniyati hozir ham jahannam yoqasida turtinib yuribdi.. U kulfat keltiradigan hoyu havaslardan, ideyalardan qutilib ketolmayapti.

Bu muammolarni yengib oʻtgan Sharq tajribasi har doim ham Gʻarb tushunchalariga mos kelavermaydi. Chunki, Gʻarb borliqning azaliy oʻzgarmasligini inkor etadi. U koʻzga koʻrinib turgan, aql-idrokka asoslangan borliqni tan oladi, xolos. Ammo, Gʻarb azaliy tarix haqiqatini va uni oʻrganish uslublarini kashf etish arafasida turibdi.

Aytmatov. Hayotiy shart-sharoitlar va muhit ayrim hollarda insonni shafqatsizlik koʻchasiga boshlab kiradi degan fikrga men ham toʻla-toʻkis qoʻshilaman. Oʻzim ham oʻshanday tuygʻuni boshimdan kechirganman. Ulugʻ vatan urushining ogʻir davrida bir voqea sodir boʻldi. Oʻshanda gʻazabim qoʻzib, bitta odamni oʻldirib qoʻyishimga sal qolgandi. Oradan koʻp yillar oʻtgach, oʻsha hodisani qogʻozga tushirdim. Muxtorjon, oʻsha gʻamgin xotiramni senga oʻqib berganim yaxshi emasmi?

«1943 yilning qish faslida, fevral oyining boshlarida bizning oilamiz boshiga musibat tushdi. Men ochlik, qashshoqlik, urush toʻgʻrisida gapirayotganim yoʻq. Bularning hammasi oʻz-oʻzidan tushunarli. Faqat bir narsani nazardan qochirmaslik lozimki, yuqoridagi kulfatlardan tashqari, biz quvgʻinga uchragan oila edik, Stalin tuzumi tomonidan mahv etilgan «xalq dushmani»ning bolalari edik. Kasal onamizning (umrining oxirigacha tomirlarining shamollash kasali surunkali davom etgan boʻlsa-da, 1937 yilda otamiz otib tashlangach eski dardi xurujini kuchaytirib yuborgandi) toʻrtta farzandi bor edi. Men oʻn besh yashar, toʻngʻichi edim.

Biz koʻchib borgan ovul hozir ham Jiyda deb ataladi. Tashlandiq, yarim vayrona loysuvoq kulbada tiqilib yashardik. Sigir (uning laqabi hali-hali esimda — Zuhra edi) saqlaydigan bostirmamiz boʻlmagani tufayli urush boshlanishidan ancha ilgari sovgʻa qilingan «enaga»mizni raisning ruxsati bilan oʻsha qish faslida kolxoz molxonasida boqardik. Bu gaplarni aytayotganimga sabab shuki, oʻsha sigir biz uchun naqadar zarur ekanini tushuntirmoqchi boʻlyapman. Biz bolalar ham sigirsiz yashashimiz juda mushkul boʻlishini bilardik. Kun boʻyi molxonada har xil yumushlarni bajarib yurardik: oʻt berardik, sogʻardik, qoʻni-qoʻshnilarimizdan yem tilab olardik. Shu tarzda biz uning buzoqlashini kutardik. Uyda faqat sut-qatiq, qaymoq, pishloq toʻgʻrisida gaplashardik, shirin xayollar surardik.

Oʻsha rutubatli qish tongini hech qachon esimdan chiqarmasam kerak. Barvaqt turib, izgʻirin ostida molxona tomon yoʻl oldim. Zuhraning holidan ertaroq xabar olmoqchi edim. Molxonaga birinchi boʻlib oʻzim boribman, molboqarlardan hech kim kelmagan edi. Dastlab, nima uchun sigirimiz joyida yoʻqligini tushunolmay hayron qoldim. Bostirma boʻm-boʻsh edi. Sigirimiz eng chekka joyda, bostirmaga kiraverishda bogʻloqlik turardi. Darvozaning yarmi sinib ketgani bois kechasiyu kunduzi ochiq boʻlardi. Ba’zan yem-xashak bergani otlansak, Zuhra olisdan bizning qoramizni koʻrardiyu boʻkirib qolardi. Sigirimni joyidan topolmaganimdan soʻng, balki arqoni boʻshalib ketib, shu yaqin atrofda sangʻib yurgan boʻlsa kerak deb oʻyladim. Biroq, men uni saroyda ham, molxonada ham uchratmadim. Sigir hech qayerda yoʻq edi. Shundan soʻng tungi qorovul huzuriga oshiqdim. U pichanxona burchagida uxlab yotardi. Chol baloni ham bilmasdi. Ehtimol, oʻzini goʻllikka solayotgandir? Sigirimiz qayoqqa ketdi, degan savolimga aslo javob berolmadi. «Balki, boʻshalib ketib, dalaga chiqib, oʻtlab yurgandir?» deb oʻzicha taxmin qildi. Shu daqiqadan e’tiboran yuragimga gʻulgʻula tushdi. Men toʻrt tarafni timirskilab koʻrdim: jarlikka boʻyladim, daryo qirgʻoqlariga koʻz yugurtirdim. Odatda, sigirni daryo yoqasiga yetaklab borib, sugʻorib qaytardik. Lekin, hech qayerda Zuhraning izi koʻrinmadi. Tong-saharda birorta sigir bostirma ostidan oʻz holicha chiqib ketmaydi. Falokat roʻy berganini tushundim. Onamga xabar berish uchun kulbamiz tomon yugurdim. Oʻsha soatdan boshlab oilamiz ustiga osmon qulab tushganday boʻldi. Erta kunimiz xuftonga aylandi: shak-shubha yoʻqki, sigirni olib ketishgan, oʻgʻrilab olib ketishgan edi. Hamma sarosimaga tushib, yigʻlay boshladi. Nima qilish kerakligini hech kim bilmasdi. Qoʻni-qoʻshnilarimiz yugurib chiqishdi: bizga achinganlaridan yovuz niyatli kimsalarni qargʻay boshladilar — ularning boshiga ham qora kunlar tushishini xudodan tiladilar. Hozir ham esimda, men nihoyatda dargʻazab boʻldim, qat’iy qaror qildim. Toʻngʻich farzand edim. Ukalarimni himoya qilishim kerak edi — boshimizga tushgan kulfat uchun oʻch olmogʻim, kurashmogʻim lozim edi. Oʻsha paytdagi tushuncham boʻyicha faqat bir narsa qoʻlimdan kelardi: oʻgʻrilarni oʻldirish kerak, vassalom! Shunday qilib, qoʻshnilarimizdan biri boʻlmish Temurbek traktorchining uyiga miltiq soʻrab bordim. Kuzgi shudgor paytida men unga suvchilik qilib, yordam bergandim. U koʻrpaga oʻranib, terga botib yotardi. Betob ekan. Temurbek boshimizga musibat tushganini eshitgan ekan. «Miltiq, ana, devorda osigʻlik turibdi. Olaver. Patronlar esa mixga osilgan sumkada, — dedi u. — Agar betob boʻlmaganimda-ku, oʻzim ham birga borib, oʻsha murtadlarni uchratgan joyimdayoq otib tashlardim», deb qoʻshib qoʻydi.

Temurbek huzuridan qalbimda qasos ruhi yonib, miltiqni olib chiqdim. Butun vujudimni gʻam-alam chulgʻab olgandi. Boshqa narsani xayolimga keltirmasdim. Musibat olovida qovurilayotgan yuragimni faqat bir fikr oʻrtardi: qanday qilib boʻlsa-da oʻgʻrilarni topib, jazolashim kerak. Bunday qarorga kelishimga sabab — oʻgʻrilar hali olis ketmagan boʻlishi mumkin. Chunki, hartugul, sigir ot emas, yoʻrgʻalab yurmaydi. Ular faqat kechasi yoʻl bosadilar, kunduzi birov koʻrib qolishi ehtimoldan xoli emas. Demak, hozir ular birorta ovloq joyda pisib yotgan boʻlishlari kerak. Agar sigirni soʻyib ulgurishgan boʻlsa, goʻshtni yashirib qoʻyishib, oʻzlari uxlab yotishibdi. Oʻgʻrilarning yana bir mulohazasi battar jahlimni chiqarardi: ya’ni, ular oʻylashganki, bu oila kelgindi, orqamizdan quvlaydigan jonkuyari yoʻq. Mana, endi men xuddi osmondan tushganday qoʻlimda miltiq bilan roʻparasidan chiqamanu ikki kishi boʻladimi, uch kishi boʻladimi — hammasining peshonasidan otaman... Ha, faqat shunday qilaman. Boshqacha boʻlishi mumkin emas!

Xuddi jinniga oʻxshardim: dalalarni, jarliklarni titkilab chiqdim, ovloq oromgohlar ham nazarimdan chetda qolmadi, togʻ etaklariga qadar bordim. Qahraton qish edi, lekin sovuqni sezmasdim. Ichimdan issiq chiqar edi. Yugurib ketayotib xuddi boʻriga oʻxshab qor yerdim. Bittayu bitta etigimni ham ayamasdim, yoʻl tanlab oʻtirmasdim — duch kelgan joydan ketaverardim. Charchoq nimaligini ham bilmasdim. Tez orada ukam ikkovimiz navbat boʻyicha avaylab-asrab kiyadigan etik ham yirtilib ketdi. Vaqt peshinga yaqinlashib qoldi. Biroq, hech qayerda hech kimni uchratmadim. Boʻshliq, kimsasizlik hafsalamni pir qildi. Chor atrof togʻlardan va togʻlar oʻrtasidagi boʻm-boʻsh tekisliklardan iborat edi. Tevarakda hech kim, hech qanday iz yoʻq.

Birdan oʻylab qoldim, oʻgʻrilar bu yerga eng yaqin boʻlgan Jambul shahriga (keyinchalik men ana shu shaharda zooveterinariya texnikumida oʻqidim) yoʻl olgan boʻlishlari kerak-ku! Ha, albatta, sigirni soʻyib, goʻshtini bozorda sotish uchun oʻsha yoqqa olib ketishgan.

Mana shu oddiygina taxminiy haqiqatdan yuragim hapriqib ketdi va koʻp oʻylab turmasdan shahar tomon joʻnadim. Agar tun boʻyi toʻxtamasdan yursam, faqat erta tongda shaharga yetib borishim mumkin edi. Toʻxtovsiz ravishda, hech ikkilanmasdan bu yoʻlni bosib oʻtishga tayyor edim. Zudlik bilan qirdan enib tushdim-da katta yoʻl tomon yoʻnaldim. Xayolan shaharga yetib borganimdan soʻng qiladigan ishlarimni bir-bir koʻz oldimdan oʻtkazdim: erta tongdan e’tiboran bozorma-bozor yurib, har bir kishining yuz-koʻzlariga razm solib qarayman. Balki, yangi soʻyilgan sigirning terisini uchratib qolarman. Agar terini uchratmasam, hechqisi yoʻq, sotuvchining qiyofasidan, koʻzlaridan kimligini bexato bilib olaman. Aynan qanday qilib bilib olishimni aniq tasavvur etolmasdim-u, lekin oʻgʻrilarni bexato tanib qolishimga zarracha ham shubha qilmasdim. Ular ham meni tanib qoladilar. Biroq, endi kech boʻladi, qochishga ulgurmaydilar: men ularni shu yerning oʻzidayoq — goʻsht sotilayotgan peshtaxta orqasidayoq otib tashlayman, vassalom!

Miltiqni mahkam ushlaganimcha yuragimda qasos oʻti yonib borardim. Nihoyat, katta yoʻlga ham chiqdim. Oʻz xayollarim bilan band boʻlib, qarshimdan eshak minib kelayotgan bir odamning yaqinlashib qolganini darhol sezmadim. Bu oddiygina qishloqi chol edi. Ust-boshi bir ahvolda, boshida ohori toʻkilgan telpak, soqoli oppoq. Egarlangan kulrang eshak oʻzi oʻrganib qolgan yoʻlda mayda qadam tashlab kelardi. Chol koʻhna, qarovsiz qolgan qabriston tomondan kelmoqda edi. Yoʻlimiz kesishdi. Bunday paytda birinchi boʻlib salom berishim farz boʻlsa-da, lekin qahr-gʻazab butun vujudimni chulgʻab olgani uchunmi, bu safar oʻz burchimni ham unutib qoʻydim. Cholning yonidan indamasdan oʻtib ketdim. Shu payt chol meni chaqirib qoldi:

—Menga qara, yigitcha! — dedi u. — Mabodo, birovni oʻldirmoqchi emasmisan?

—Ha, — dedim cholning savolidan mutlaqo hayratlanmagan holda. — Oʻldirmoqchiman!

Koʻzlarimiz toʻqnashdi. Chol ozib-toʻzib ketgandi, lekin xotirjam edi. Koʻpni koʻrgani bilinib turardi. U boshini silkitib qoʻydi.

—Boʻpti, niyating shunaqa boʻlsa, shoshilmagin. Bir pas tur, gaplashamiz. Xoʻsh, nega birovni oʻldirmoqchisan?

—Erta-indin tugʻadigan sigirimizni oʻgʻirlab ketishdi. Oilada toʻrt jonmiz. Men toʻngʻichman. Onam bilan ammam kasal boʻlib yotishibdi.

—Buni qara-ya! Bechora-ey... Lekin, gapimga quloq sol. Qasos oʻti bilan oʻzingni oʻzing qovurma, xayolingda ham odam oʻldirma, hatto la’nati oʻgʻrini ham oʻldirmagin.

Miq etmadim. Qichqirib yuborishdan zoʻrgʻa oʻzimni tiyib turardim.
— Ahvolingni bilib turibman, — dedi chol salmoqli ohangda. — Gaplaringni eshitib, suyaklarim sirqirab ketdi. Lekin, notanish cholning soʻzlarini yerda qoldirma: birovni oʻldiraman deb yurmagin! Bunday fikrni yurakda saqlama. Uyingga qayt. Doim bir narsa esingda boʻlsin: yomonlik qilgan odamga hayotning oʻzi jazosini beradi. Ishonaver, baribir jazosini tortadi. Jazo abadulabad orqasidan qadam-baqadam ergashib yuradi; birga yotib, birga turadi. Seni hayotning oʻzi mukofotlaydi. Uyingga qayt, qotillikni esingdan chiqarib tashla. Baxtning oʻzi seni izlab topadi, qanday qilib qalbingga joylashib olganini sezmay ham qolasan. Hozir men senga quruq gaplar bilan vaysaqilik qilayotganday koʻrinishim mumkin. Lekin, gaplarimga ishongin, orqaga qayt... Vaqti-soati kelib, mening soʻzlarim toʻgʻriligiga ishonch hosil qilasan, oʻshanda eslaysan... Hali sigirlaring ham koʻpayib, ehtimol, yuz boshga yetadi. Oʻgʻlim, endi uyingga bor. Nima gap boʻlganini onangga ayt. Bora qol, men ham oʻz yoʻlimga ketaman...

Eshagini yoʻrtib ketayotgan cholning orqasidan qarab turar ekanman, hamon ikkilanardim. U orqasiga qayrilib qaramadi... Men ham kimsasiz dala boʻylab keta boshladim. Endi kerak boʻlmaydigan miltiq yelkamdan ogʻir yuk boʻlib bosib borardi. Qor qoplagan bepoyon maydonga qorongʻilik choʻka boshladi. Oʻzimga nima boʻlganini bilmadim-u, ammo birdan oʻkrab yigʻlab yubordim. Yigʻidan a’zoi badanim titrardi. Oyogʻimda yirtiq etik bilan yana uzoq tentirab yurdim, yuraverdim...

Oʻsha voqeani koʻp yillardan beri esimdan chiqarib yuborgan edim. Yaqinda hammasi esimga tushib qoldi. Yoʻlimda uchragan oʻsha notanish chol ham xayolimda jonlandi, uning soʻzlari ham jonlandi: «Senga qancha yomonlik qilishgan boʻlsa-da, oʻgʻlim, hech qachon qasos olishni oʻylamagin».

Demak, mening ham «hayotiy ustozim» boʻlgan ekan. Tuprogʻimning aziz va pokiza insonlariga egilib ta’zim qilaman! Ular hozir ham mening ma’naviy tayanchimdir. Ehtimol, gap faqat «qaytish»da emas, balki nima uchundir seni yaxshi koʻrgan odamlar oldidagi burchingni, kimligingni, qayoqdan kelganingni hech qachon, ayniqsa, shon-shuhrat qozonib, baxtli boʻlgan damlaringda bir daqiqa unutmasliging kerak.

Oʻsha voqeani eshitgan bitta tengdoshim:

—Nechta sigiring bor? — deb soʻradi.

—Bitta ham yoʻq, — deb javob berdim.

Keyin oʻylab qoldim: butun dunyo boʻylab misli koʻrilmagan nusxalarda tarqalayotgan har bir kitobimning bahosi bitta sigir sotib olishga yetmaydi. Nuroniy darvesh mana shunday karomat qilgan ekan!

Muxtor, biz sadizm toʻgʻrisida fikr-mulohaza yuritayotib, shu voqeani esladik. Goh-goh gʻurbatda oʻtgan bolalik davrimni, qahraton fevral kunlarini, yakkayu yolgʻiz boquvchimiz boʻlmish sigirdan ajralib qolganimizdan soʻng ochliqdan tirishib qolganimizni eslasam, irodasizlik qilib yomon ishga qoʻl urmoqchi boʻlganim uchun oʻzimdan oʻzim xafa boʻlib ketaman. Biroq, oʻgʻrilar oʻqlangan miltigʻimning roʻparasidan chiqib qolmagani uchun taqdirimga shukronalar aytaman. Shunda koʻnglim

yorishib ketadi. Shafqatsizlik boshqa bir shafqatsizlikni tugʻdiradi. Agar oʻgʻrilar qoʻlimga tushib qolganda men ularni otib tashlardim. Xoʻsh, undan soʻng mening taqdirim nima boʻlardi? Istisno emaski, ijtimoiy fojia tufayli uchqun chiqargan sadizm norasida vujudga halokatli ta’sir oʻtkazib, qalbimda yongʻin chiqarib yuborishi hech gap boʻlmay qoladi, Inson qalbi — jumboq toʻla quticha. Hayotiy yetishmovchiliklar, mahrumiyatlar natijasida vujudga kelgan qasoskorlik tuygʻusi va qahr-gʻazab koʻnguldagi olijanoblik kurtaklarini yanchib tashlamasligiga kim kafolot beradi?

Inson goh-goh duch keladigan har bir muvaffaqiyatsizlikni baxsizlik deb hisoblamasligi lozim. Bu — Lev Tolstoyning maslahati. Kim biladi deysiz, balki haqiqiy baxt kichik muvaffaqiyatsizlikdan boshlanar?!

Agar men oʻsmirlik paytimda qoqilib tushganimda bormi, keyin bir umr afsuslanib oʻtardim. Oʻsha voqeani eslasam a’zoi badanimdan ter chiqib ketadi. Meni yovuzlik yoʻlidan qaytargan oʻsha olijanob chol kim edi?

Shoxonov. Agar olimlarning gaplariga ishonadigan boʻlsak, keyingi oʻttiz ming yil ichida inson miyasi deyarli sezilarli oʻzgarishga uchramagan ekan. Bu faraz shundoq ham koʻp narsalarni aytib turibdi, bahs-munozaralarga sabab boʻlishi mumkin. Agar birovning bobokaloni faylasuf yoki asilzoda boʻlgan boʻlsa va yo aksincha, qonxoʻr yoki qallob boʻlgan boʻlsa, yettinchi avloddan keyin (balki, oldinroq) oʻsha xususiyatlar yana qoʻzib qoladimi? Xoʻsh, ezgu niyatli sehrgar yaxshilarni, yovuz jodugar yomonlarni bir marta oʻz komiga torsa — bas, keyin inson tushunchasi, tabiati, mizoji, fe’l-atvori, odatlari, yoʻl-yoʻrigʻi, qoidalari abadulabad oʻzgarmaydimi? Aytaylik, sigiringizni oʻgʻirlab ketgan kishilardan kelajakda faqat oʻgʻrilar, jinoyatchilar tugʻiladimi?

Yaqinda gazetada bir maktab oʻquvchisining xavfli «xobbi»si toʻgʻrisidagi maqolaga koʻzim tushib qoldi. Bundan dilim xufton boʻldi. Oʻz sinfida eng aqlli, «a’lochi» boʻlgan xuddi tajribali yosh naturalist kabi... it va mushuklarga azob berishni, oʻldirishni yaxshi koʻrar ekan. Bundan cheksiz huzurlanarkan. Uning yoʻlida omborxona uchrab qoladi: taptortmas hayvonkush hech oʻylab oʻtirmasdan omborxonaga oʻt qoʻyib yuboradi. Yongʻinni koʻrib yugurib kelgan odamlar oʻtni oʻchirishga kirishadi, kimdir musibatdan qichqira boshlaydi. Bolakay esa bu holatni miriqib tomosha qiladi, rohatlanadi.

Vaqti-vaqti bilan jin yoʻldan urgan bolapaqir qabristonga boradi va qabrtoshlarni agʻdarib tashlaydi. Faqat bu bilan qanoat qilmay, qabrlarni ochib, murdalarni xoʻrlaydi. Ota-onalar ancha paytgacha moʻminqobil farzandlarining xurmacha qiliqlaridan bexabar yuradilar. Bir oqshom bolakay uyga tuproqqa belanib keladi.

—Senga nima boʻldi? Turqingga qarab boʻlmaydi-ku?! — deb koyib berishadi.

—E-e, zoʻr boʻldi! Murdalarni boplab kelyapman! — deb mamnuniyat bilan javob qaytaradi bola.

Koʻryapsizmi, hayotimizga eshikni taqillatmasdan yana bitta odamxoʻr kirib keldi. La’natlangan Chikatilodan farqli oʻlaroq, bu bolakayning kelajagi hali oldinda.

Aytmatov. Aftidan, u hech qachon markiz de Sad toʻgʻrisida ham, sadizm toʻgʻrisida ham oʻylamagan boʻlsa kerak. Boz ustiga, xurofiy romanlar yozishni aslo xayoliga keltirmagan. Biroq, ishonchim komilki, u jinoyat qilayotganini bilib turgan. Bu hol nimani anglatadi? Inson qalbida yashaydigan hayvoniy tuygʻular bizdan oldin dunyoga kelgan. U kimning qalbida, nima uchun uygʻonadi? Hamma gap mana shunda.

Shoxonov. Qoʻqqis birtalay savol tugʻiladi, xayollaring parishon boʻlib ketadi. Aql-hushi joyida boʻlgan, oʻziga toʻq oilada yashaydigan bolakay nima uchun jinoyat koʻchasiga kirdi? Agar uning aqli zaif boʻlganda boshqa gap edi. Jurnalistlar oʻtkazgan izlanish natijasida gazetada paydo boʻlgan maqolada keltirilgan voqealar bitta bolaning qoʻli bilan qilingan. Ruhiyat qatlamlarida vaqti-soati kelishini kutib yotgan xurofiy kuchlar kammikan? Ehtimol, ular borligini biz hech qachon bilmasmiz. Bunday kuchlar yoʻliga gʻov qoʻyish mumkinmi? Dolzarb ijtimoiy muammoni hal etish uchun qoʻllaydigan vositalarimiz kutilganidek samara beradimi? Aytaylik, sadistlar yoki tuzalmaydigan jinoyatchilar fosh etilgach, biz ularni ozodlikdan mahrum etib, qamoqxonaga yashirib qoʻyganimiz bilan muammo hal boʻlib qoladimi?

Nazarimda, boshqa bir yirik muammo — bu manqurtchilik. Siz «Asrni qaritgan kun» romaningizda mana shu mavzuni koʻtargan edingiz.

Bu qadar koʻp qatlamli syujet xayolingizda qachon paydo boʻlgan? Shaxsiy va umuminsoniy koinot chambaragini qanday qilib manqurtchilikka keltirib bogʻladingiz?

Aytmatov. Odamlar orasida, yozuvchi yozmay yurgan paytida ham yozaveradi, degan gap bor. Shu gap oʻzimga ham yoqadi. Oppoq qogʻozga koʻzing tushsa — bas, darrov qoʻlingga qalam olib mavzuni yozib qoʻyasan. Ichki tayyorgarlik boʻlmasa-da mavzuni qogʻozga tushirasan. Bu hol xuddi kerakli xom ashyo, moslamalar boʻlmay turib saroy qurilishini boshlab yuborganday bir gap. Vaqting zoye ketadi. Oʻzing tanlagan mavzuni muvaffaqiyatli rivojlantirish, koʻnglingda tugʻilgan ideyani toʻlaqonli ravishda roʻyobga chiqarish uchun xotira omborxonasini shoshilmasdan ocha boshlaysan. Bolalik xotiralari, shaxsiy tajribalaring, kuzatishlaring, yakunlangan fikr-mulohazalaring, oʻzing qatnashgan voqealar, uchrashuvlar — bularning hammasi sinchikovlik bilan saralangan meva kabi bir ipga tizib chiqiladi va boʻlajak asarning poydevorini tashkil etadi.

«Asrni qaritgan kun» romanimni yozishdan avval manqurtchilik mavzusini juda sinchikovlik bilan oʻrgandim. Bolaligimizda biror ishni notoʻgʻri bajarsak yoki nojoʻya xatti-harakat qilsak: «Nima balo, manqurtmisan?!» degan tanbehni koʻp eshitardik. Toʻgʻri, qaysi chegaradan soʻng inson bevosita manqurtga aylanishini aniq bilmasdik. Lekin, ich-ichimizdan his etardikki, bu soʻz juda yomon haqorat hisoblanardi.

Bundan oʻn asr muqaddam kuylangan va oʻshandan buyon qahramonlik, vatanparvarlik qomusi boʻlib kelayotgan qirgʻizlarning «Manas» eposida ilk bora manqurtchilik toʻgʻrisida guvohlik berilgan. Eposda shunday parcha bor: kichkintoy Manas asov kuchga ega, jangari boʻladi. Bundan tashvishga tushib qolgan mahalliy hokimlar pinhona til biriktiradilar. Ya’ni, kelajakda Manas xalq yoʻlboshchisi boʻlmasligi uchun uni yoshligida manqurtga aylantirib qoʻymoqchi boʻladilar:

Bolani asirga olaylik,
boshiga xom terini yopishtiraylik.
Soʻng, yurtimizga eltib qurgʻurni
olti aymoq qalmiq bir boʻlib,
boplab adabini beraylik!

Oltmishinchi yillarning oʻrtalarida taniqli manaschi-oqin Sayoqboy Qoralayevdan «manqurt» va «shiri» soʻzlarining etimologik ma’nosini soʻragan edim. Hurmatli oqsoqol xiyla vaqt oʻylanib, soʻng bunday degandi:
— Qadim zamonlarda, qirgʻizlar bilan qalmiqlar orasida tinimsiz qonli urushlar ketayotgan davrlarda raqiblar mol-holni talon-taroj qilishdan tashqari, odamlarni asir qilib ham olib ketardilar. Soʻng asirlar qul sifatida sotib yuborilardi. Asir xojasi qaramogʻida podavonlik qilib yursa-da, lekin ertami-kechmi, baribir qochib ketishi mumkin edi. Dunyoda yaxshi odamlar koʻp; asir qulay fursatni topib, biror kishidan qarindosh-urugʻlariga oʻzi haqida xabar aytib yuborishi hech gap emas. Qolaversa, toki tanasida joni bor ekan, u birorta mahalliy xonimning koʻngliga yoʻl topishi ham ehtimoldan uzoq emas. Jismonan voyaga yetgan navqiron paytida asir olingan odam besh yil, koʻpi bilan oʻn yil tutqunlikka bardosh beradi. Keyin har qanday inson bolasi kabi uning koʻnglida ham asta-sekin norozilik uygʻonadi, qoʻllari oʻz-oʻzidan qurol-yaroq izlab qoladi, xayolida qoʻzgʻolon pishib yetiladi. Boʻlajak qoʻzgʻolonchini oldindan tushovlab qoʻyishning birdan-bir yoki birlamchi vositasi — uni manqurtga aylantirib saqlash hisoblanardi. Buning uchun, eng avval, asirning sochlari tag-tugi bilan ustarada qirib olinardi. Soʻng asirning boshiga yangi soʻyilgan tuya terisidan yoki mol terisidan qiyqim kiydirilardi. Mol terisining qiyqimini qirgʻizlar «shiri» deyishardi. Terining chakkaga tushib turgan qismi gir aylantirilib xomteridan toʻqilgan chilvir bilan tangʻib bogʻlanadi. Asir ikki tomonlama azob iskanjasiga tushib qoladi. Dastlab, asta-sekin quriy boshlagan teri bujmayib, bosh chanogʻini siqaveradi; soʻngra yangi oʻsib chiqqan soch tolalari terini teshib oʻtishga ojizlik qilib, yoʻnalishini oʻzgartiradi va minglab ignalar bosh terisiga sanchiladi: shu tarzda vaqt oʻtishi bilan asab tizimi ishdan chiqadi va xotira yoʻqotiladi. Boshiga shiri kiydirilgan asirning oyoq-qoʻllari bogʻlanib, suvsiz-ovqatsiz holda jazirama quyosh ostiga tashlab qoʻyiladi. Bir-ikki haftadan soʻng asir yo oʻlib qolardi, yo manqurtga aylanardi. Agar oʻlsa, azoblardan qutilib ketardi; tirik qolsa, ish quroliga aylanardi: oʻz ismini ham, nasl-nasabini ham, oʻtgan kunlarini ham eslay olmasdi, faqat xoʻjayinning xohish-irodasiga boʻysunish kerakligini bilardi, xolos. Insoniyat dahshatli zoʻravonlik qurolini yaratish borasida juda topqirlik qiladi. Lekin, mana shunday varvarlik qarshisida boshqalari hech narsa boʻlmay qoladi.

Mustabid tuzum hukm surgan davrda butun jamiyatga, sen bilan mening, hammamizning dunyoqarashimizga mafkuraviy shiri kiydirib quyildi. Shu yoʻsin hamma va har bir kishi qattiq boʻyinturuq asosida yagona tutum manfaatlariga itoat ettirildi.

Bir safar men poyezdda Moskvaga ketayotgan edim. Boyqoʻngʻir kosmodromidan navbatdagi kosmik kema uchirilgani toʻgʻrisida radiodan xabar berilayotgan payt biz Qizil Oʻrda viloyati boʻylab borayotgandik. Asrlardan beri jizgʻanak boʻlib yotgan sahroga tikilganimcha deraza oldida uzoq oʻyga toldim. «Asrni qaritgan kun» romanimning xomaki rejasi oʻsha paytlarda tugʻildi. Insoniyat oʻzga sayyoralarda hayot borligini koʻpdan beri muhokama qilyapti, oʻzlariga oʻxshash aql-idrokli mavjudot borligiga chin dildan ishonyapti... Agar Yer sayyorasining oʻzi sayyoramizdan tashqaridagi aql-idrokli mavjudotlar tomonidan mahdudlikka mahkum etilgan boʻlsa nima boʻladi? Goʻyo koʻzim yarq etib ochilganday boʻldi. Mana shu fikr xayolimga tinchlik bermay qoʻydi. Yoshlik paytimda eshitganim manqurt toʻgʻrisidagi afsona kutilmaganda xayolimda yangicha talqinga uchradi.

Qadim zamonlarda irodasi kuchli, jismonan baquvvat insonlar boshga kiydirilgan chambarak vositasida aql-idrokidan, ma’naviy dunyosidan mahrum etiladi, sindiriladi. Bu — juz’iy hodisa. Bir-birini mahv etishga tayyor turgan ikki tuzum mafkuraviy poyga natijasida koinotga chiqib borsayu kim-kimdan zoʻrligini namoyish etish maqsadida Yer yuziga chambarak kiydirib qoʻyishsa, nima boʻladi? Qandaydir bir kishining shaxsiy fojiasi hammani yoppasiga oʻz komiga tortib ketadigan kun yaqin qolmadimi? Musibatning begonasi boʻlmaydi. Fojia qamrovidan, uzoq-yaqinligidan qat’i nazar har doim fojia boʻlib qolaveradi. Insoniyatga xavf solib turgan halokatdan ogoh etib qoʻyishni istardim. Shu istak tufayli asar yozildi.

Shoxonov. Ma’lumki, «manqurt» atamasi qadimdan buyon turk xalqlari orasida yuradi. Manqurtga aylantirish orqali qanchadan-qancha sir-asrorni yashirishga urinmasinlar, lekin la’natlangan soʻz bizning lugʻatimizda koʻp asrlar davomida saqlanib kelayotir. Siz oʻsha zamonlardan qolgan chakana qiynoq usuliga qalam urdingizu yangicha talqin qilib, bu mavzuni umuminsoniy falsafiy muammo darajasiga koʻtarib yubordingiz. Hozir «manqurtchilik» atamasi xalqaro lugʻat jamgʻarmasidan oʻrin oldi.

Agar e’tibor bergan boʻlsangiz, insonni xotirasidan mahrum qilish toʻgʻrisida har kim har xil yozadi. Boz ustiga, bu birovning xom xayoli emas, balki oʻz ildizlari bilan Manas davridagi xurofiy uslubga borib qadaladi. Minglab yillar davom etgan qadimiy tarixi mobaynida oʻz boshidan ne-ne kulfatlarni kechirgan Osiyo qit’asida qandaydir yovuz daho tomonidan oʻylab topilgan uslub bu.

«Asrni qaritgan kun» romani e’lon qilingandan soʻng, sobiq Sovet Ittifoqida madaniy-tarixiy halokat yoqasiga borib qolgan kamsonli xalqlarning fojiasi toʻgʻrisida bor ovoz bilan gapira boshladilar. Manqurtchilikka qarshilik koʻrsatish masalasi ular uchun dolzarb boʻlib qoldi. Boshqacha aytganda, Sizning ogʻzingizdan chiqqan achchiq haqiqat millat va elatlarni dilgir etib qoʻydi.

Bir necha yillar muqaddam Boltiqboʻyi respublika-larida va Moldovada yoshlar tinch namoyish chogi koʻcha-larga koʻtarib chiqqan «Biz manqurt emasmiz!» degan shior boya aytgan fikrimning yorqin isbotidir.

Sizga ham ma’lum boʻlsa kerak, insonning aql-idrokiga, uning ozodligiga qarshi qaratilgan yana bir jinoyat «zombi» deb ataladi. Naql qilishlaricha, manqurtchiliqdan uncha farq qilmaydigan bu «ilmi a’mol», dastlab, Afrikadagi qabilalar oʻrtasida tarqalgan, hozir «asr jinoyati» sifatida nom qozonib ulgurgan. Afsonaga oʻxshaydigan oʻsha voqealarga ishonadigan boʻlsak, beixtiyor sochimiz tikka boʻlib ketadi. Umuman olganda, maqsad deyarli bir xil — inson itoatgoʻy qul-ijrochiga aylantiriladi. Farq shundaki, oʻldirib-tiriltirish vositalari mutlaqo maxfiy holatda saqlangan. Bu jumboqning yechilish tarixi ham boshqacha boʻlgan.

Bitta afrikalik dalada ketayotib, ishlayotgan odamlar orasida bundan 15 yil muqaddam oʻlib ketgan ogʻasini tanib qoladi. Koʻzlariga ishonmasdan arvohning yoniga yaqin boradi. Haqiqatan ham, bu odam ogʻasi ekan. Faqat koʻzlari ma’nosiz, hayvoniy uchqun sachrab turardi. Oʻz ukasini koʻrib, hatto pinak buzmaydi. Soqovga oʻxshardi. Ismini eshitib ham javob qaytarmaydi, bir nimalar deb gʻoʻldirab qoʻyadi, xolos. Baxtga qarshi, ishga halaqit berilayotganini sezib, omoch uchi bilan ukasini turtib, yana-tagʻin yerni shudgor qilishga kirishib ketadi. Dahshatga tushgan ukasi tez orada fahmlaydiki, dalada ishlayotgan odamlar tirik murdalar edi, xolos. Boʻlgan voqeani uyidagilarga, qoʻni-qoʻshnilariga aytib bergan yigit oʻrtoqlari bilan qabristonga boradi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, qabr boʻm-boʻsh edi.

Erinchoqlik bilan tuzilgan davlat komissiyasi mahalliy politsiya boshqarmasi bilan hamkorlikda shubha ostiga tushgan qabilani uzluksiz nazorat ostiga oladi. Ma’lum boʻlishicha, qadim zamonlardan buyon yashirincha odamlar «zombi»lashtirilar ekan. Qullarning tekin mehnatidan foydalanish yoʻllarini qidirib yurgan oʻsha qabila kutilmagan «ilmiy» kashfiyot yaratadi. Samara berishi aniq boʻlgan tajriba oʻtkazish uchun oldindan jismonan baquvvat yosh yigitlar tanlab olinardi. Qabila a’zolari bu yerliklarga yaxshi tanish boʻlgan suv havzalaridan ikki tishli zaharli baliqlarni ovlashib, uning yelkasidagi qanotini kesib olishadi. Uni ovqatga qoʻshib pishiradilar, soʻng tanlab qoʻyilgan nomzodga yediriladi. Bu ovqat nafas yoʻllarini falaj qilib, bevaqt oʻlimga sababchi boʻladi. Qabila a’zolari marhumni dafn etilgan qabrdan kavlab olishib, oʻrmondagi ovloq changalzorga eltadilar. Marosim ruhiga mos ravishda kiyim-kechak kiyib, bezanib olgan kohin-afsungarlar qoqiriq-suquruq qilishga kirishadilar; marhumning qulogʻiga maxsus afsun duolarini oʻqiydilar. Ayni chogʻda faqat ma’lum doiradagi odamlarga ma’lum boʻlgan giyohlardan tayyorlangan dori-darmonlardan foydalanadilar. Qisqasi, ertasi kuni ertalab marhumga jon kiradi. Marhum xuddi oldingiday soppa-sogʻ, baquvvat holatida tiriladi, lekin oʻz ismini ham, nasl-nasabini ham butunlay unutadi. Shunday qilib, qabila tap-tayyor qulga ega boʻladi, uni bemalol paxtazorga ishga joʻnatish mumkin. Ertadan to qora xuftongacha miq etmasdan ishlayveradi: kolxozda ishlayaptimi, sovxozda ishlayaptimi, hissadorlik jamiyati tuzildimi yo ijara pudrati joriy etildimi — unga baribir, faqat mehnat qilishni biladi, xolos. Oxiri oʻsha sirli jinoyatning jumbogʻi topiladi. Biroq, aytishlaricha, hozir ham marhumlar ba’zan oʻgʻirlab ketilar ekan.

Aytmatov. Manqurtchilik bilan zombichilik goʻyo sadizm daraxtidan oʻsib chiqqan ikki shoxga oʻxshaydi. Mayli, nomlari har xildir, lekin mohiyati bitta. Ingliz yozuvchisi Grem Grin oʻzining «Komediantlar» romanini yozishdan avval «asr jinoyati» boʻlmish zombichilikning xususiyatlarini atroflicha oʻrganish maqsadida Gaitidagi qabilalardan birining huzurida boʻladi. Keyinchalik oʻz kundaligida quyidagi soʻzlarni qayd etib qoʻyadi: «Tontonmakuti» nomi bilan mashhur boʻlgan mustabid Dyuvalening maxfiy politsiyasi asosan zombilardan tashkil topgan. Shuning uchun oddiy fuqaro doimo qoʻrquv ostida hayot kechiradi.

Matbuot xabarlariga qaraganda, bu xildagi jinoyat faqat Afrikada roʻy bermaydi. Avstraliyaning mahalliy aholisi oʻrtasida hamon zombichilik tag-tomiri bilan yoʻqolib ketmagan. Elatshunoslarning guvohlik berishicha, Avstraliyada qurbonlikni tanlash huquqidan afsungar foydalanadi. Oyoq-qoʻli bogʻlangan odam yonboshlatib yotqizib qoʻyiladi-da, nishli baliq qiltanogʻi yoki oʻtkir uchli nayza yurakka sanchilib, qurbon vaqtincha oʻldiriladi. Yurak urishdan toʻxtaydi, nafas olish ham toʻxtaydi. Vaqti-soati kelgach, marhum tiriltiriladi; oʻtmishini unutishga majbur qilinadi. Naql qilishlaricha, bunday zombi ruhan soppa-sogʻ boʻlgan risoladagi insondan deyarli farq qilmas ekan. Faqat ba’zan bir nuqtaga tikilgancha ertadan kechgacha harakatsiz oʻtirishi mumkin ekan.

Shoxonov. Oʻshanga oʻxshash bitta voqeaga shaxsan guvoh boʻlgan sayyoh Jorj Rayt oʻz kuzatishlarini quyidagicha qogʻozga tushiradi: «Yerda yotgan odam oʻlgan edi. Afsungarlarning baqir-chaqiri, barabanlar tovushi kuchayib borgani sari marhumga asta-sekin jon kira boshladi. Dastlab, u qoʻllarini koʻtarib koʻksiga qoʻydi. Keyin choʻnqayib oʻtirdi. Baqiriq-chaqiriq avj pardalarga koʻtarilgan payt oʻzimni qoʻygani joy topolmay qoldim. Hozirgina tirilgan zombining nigohi bilan koʻz urishtirishdan ham dahshatli narsa boʻlmasa kerak».

Siz yozgan edingizki, insonni baxtdan benasib qilish mumkin, boylikdan mahrum qilish mumkin, hayotdan ham mahrum qilish mumkin... Lekin, aql-idrokka, xotiraga — insonning muqaddas boyligiga tajovuz qilishdanda ogʻirroq jinoyat bormikan? Bunga kim javob beradi?

Aytmatov. Zombichilik Amerika qit’asida ham keng tarqalib ketgani toʻgʻrisida gazetalar koʻpdan beri yozyapti. Zombilar ogʻir jismoniy mehnat ostida ezilibgina qolmasdan, ayni chogʻda ular har xil jinoiy jabhalarga jalb etilayotir. Ma’lumotlarga qaraganda, Afrikadagi ibtidoiy marosimlar tarix solnomasiga qaytarilgan boʻlsa-da, lekin zamonaviy kompyuter bilan qurollangan tizim koʻpdan beri ayrim kishilarni va hayotiy muammoga duch kelgan ijtimoiy guruhlarni yollash, zombilashtirish bilan maxsus shugʻullanayotir. Agar zombiga aylantirilgan inson oʻziga nisbatan zoʻravonlik ishlatilganini isbotlab bersa, bunday jinoyatni nazorat qilishga qodir boʻlmagan mamlakat hukumati guyoki 1,5-2 million dollar jarima toʻlashga majbur ekan.

Gaitidan Amerikaga muhojir boʻlib borgan Jak Ornyuv ismli kimsa oʻzini zombi deb e’lon qildi va ijtimoiy himoya jamgʻarmasidan tovon toʻlashni talab etdi. Jamgʻarma rahbariyati ma’lumot toʻplay boshlaydi: Gaitidan joʻnatilgan hujjat nusxasida aytilishicha, Ornyuv ismli fuqaro 1978 yili 50 yoshida vafot etgan ekan. Boz ustiga, dunyodagi birorta mamlakatda marhumlarga nafaqa toʻlanmaydi.
— Men haqiqatan ham oʻlgan edim, keyin tirildim, — deb iqror boʻldi Ornyuv. — Lekin, hozir men tirikman, axir! Mening oʻlimimda ham, tirilishimda ham kimlarningdir qoʻli bor. Xoʻsh, mening aybim nima?

Shoxonov. Qiziq, butun dunyodagi qancha sadizm qurbonlari, qancha manqurtchilik va zombichilik qurbonlari nomidan oʻsha alamli hayqiriq yangradi ekan?

Dekabr hodisalari boʻyicha xususiy tergov olib borayotgan paytlarimda S. ismli fuqaro (fan nomzodi) ikki hamrohi bilan huzurimga keldi.
— Bu ish boʻyicha qamoqqa olingan paytimda mening boshimga bitta apparatni mixlab qoʻyishdi. Oʻshandan soʻng zombiga aylanib qoldim. Oʻsha sehrli qurilma vositasida xavfsizlik xizmati xodimlari meni tun boʻyi azoblaydilar; har xil buyruq berishadi, yoʻl-yoʻriq koʻrsatishadi va mening oʻy-fikrlarimni yozib olishadi. Endi birdan-bir umidimiz Siz bilan Oʻljas Sulaymonovdan. Bunday azob-uqubatlardan xalos qiling, — dedi yigʻlamsirab. Soʻng chakkasidagi oʻroqsimon tikilgan chokni koʻrsatdi.

KGB ixtiyorida odamlarni zombiga aylantirib qoʻyadigan maxsus apparat va uzoqlikdan boshqariladigan qurilma borligi toʻgʻrisida koʻp gap-soʻzlar yurgan boʻlsa-da, lekin u paytlari buni isbotlashga hech qanday imkoniyatimiz yoʻq edi.

Keyinchalik bir qator nufuzli nashrlarda ruhiyatga ta’sir oʻtkazadigan qurol ishlab chiqarish bilan mashgʻul boʻlgan va inson aql-idrokini boshqarishga moʻljallangan tadqiqotlar oʻtkazadigan maxsus-maxfiy markaz Moskvaning oʻzida borligi dalil-isbotlar bilan fosh etildi.

Endi oʻquvchi savol berishi mumkin: manqurtlar va zombilar haqiqatan ham mavjud edimi? Yoki bular faqat odamlar orasida tarqalgan mish-mishlardan iborat shafqatsizlik koʻrinishimi?

Istisno emas, bu masalani koʻndalang qilib qoʻyadigan kishilar ham uchrab qolishi mumkin: «Agar bu gaplar rost boʻlsa, texnologik jarayonni bosqichma-bosqich, batafsil tasvirlab, isbotlab bering!»

Qadim zamonlarda odamni manqurtga aylantirib qoʻyish hodisasi haqiqatan boʻlgan. Xudoga shukrki, bizning kunlarimizda bunday hodisa uchramaydi. Biroq, shak-shubhasiz iqror boʻlmoq lozimki, manqurtlashtirish gʻoyasi yangilangan nusxa holatida hozir davlat ahamiyatiga molik masala sifatida yashab turibdi. Biz shu holatni oʻz suhbatimiz davomida qisqacha tasvirlab oʻtdik, xolos.

Sir emaski, insoniyatning aql-idroki nafaqat shon-shuhratga, balki hech qachon oʻchmaydigan isnod orttirishga ham moyil boʻladi. Agar evolyutsion taraqqiyot qonunlariga amal qilinsa, tabiiy tanlash jarayonida Homo sapiyens avloddan-avlodga yaxshilanib borishi kerak. Shunday deymiz-u, lekin sayyoramizda jinoyatchilik darajasi borgan sari oʻsib borayotganini qanday izohlash mumkin?

Aytmatov. Masalan, Iroqda oʻgʻrilik ustida ushlangan odamning qoʻli kesiladi. Oʻgʻriga jazo beriladi, boshqalarga ibrat boʻladi. Xoʻp, oʻgʻrining qoʻli kesiladi, u bir umr invalid boʻlib qoladi va hech tuzalmaydigan ruhiy jarohatga uchraydi, lekin uning betamiz qiliqlariga chek qoʻyib boʻlarmikan? E’tirof etishlaricha, dunyoda qotillikning ikki yuzga yaqin turi bor ekan! Har birining asosida sadizm yotadi. Uning bitta shoxi — manqurtchilik Osiyoda unib chiqdi, boshqa shoxi — zombichilik Afrikada undi. Aytaylik, ilmiy-texnika inqilobi mevalaridan bahramand boʻlgan birorta sadist-diktator alahsirab dunyoga hukmdor boʻlishni xohlab qoladi va manqurtlar bilan zombilarni ommaviy qirgʻin quroli sifatida ishlab chiqara boshlaydi... Hatto xayolimizda ham bunday halokat roʻy berishidan xudo saqlasin!

Shoxonov. Tarixdan yaxshi ma’lumki, jamiyatda sadizmning kuchayib, milliy fojia darajasiga koʻtarilib ketishiga koʻpincha davlat tepasida oʻtirgan hukmdorlar sababchi boʻladi. Misol tariqasida qadimiy Rimdagi gladiatorlar (qullar) bellashuvini olib koʻrishimiz mumkin: dastlab, birorta imperatorning motam marosimida oʻtkaziladigan qurolli raqiblarning musobaqasi keyinchalik butun Italiyada xalq oʻyinlariga aylanib ketadi.

Eramizdan avvalgi III asrdan e’tiboran gladiatorlar bellashuvi uchun eng oxirgi texnika yutuqlari bilan jihozlangan maxsus maydonlar, inshootlar barpo etiladi. Dengizda musobaqa oʻtkazish uchun esa jangovar kemalar jihozlanadi, minglab qullarga, asirlarga qurol-yaroq beriladi. Suvoriylar, nayzabozlar, qilichbozlar bellashuvi ham jangovar «janr» sifatida rivojlanib, kundalik taomilga aylanib qoladi.

Imperatordan to gadoylargacha boʻlgan ommaning muhabbatini qozongan, aql-idrokni, qalblarni rom etgan, katta-kichikni muxlisga aylantirib olgan qonli musobaqalar yildan-yilga qamrovini kengaytirib, vahshiylik darajasini va qurbonlar miqdorini oshirib boradi. Vasvasaning cheki-chegarasi koʻrinmasdi. Aql-hushini yoʻqotib qoʻygan imperator Kaligula gladiatorlar bellashuvini teatr tomoshasi deb bilardi va ayollarni, qariyalarni, hatto mayib-majruhlarni maydonga haydab chiqarardi. Klavdiy esa quruqlikdagi tomoshalar bilan qanoatlanmay, dengizda ham qir-pichoq tomoshalar uyushtiradi. Imperator Vitelliy oʻzining tugʻilgan kuni munosabati bilan Rimning barcha 265 mavzesida gladiatorlar bellashuvi oʻtkazadi. Tit boʻlsa, bunday qora tomoshani uzluksiz 100 kun davom ettiradi. Boz ustiga, Tit hukmronlik qilgan davrda «odamxoʻrlik ziyofati» koʻz koʻrib, quloq eshitmagan darajaga yetadi: 123 kun mobaynida oʻn ming nafar gladiator boshidan judo boʻladi. Jazavasi tutgan raqiblar bir-birining qorinlarini yorib tashlaydilar, qoʻllarini kesib oladilar, boshlarini sapchaday uzib yuboradilar.

Yuz minglab tomoshabinlar ertadan-kechgacha maydonlarni tark etmaydi, gʻoliblarni tabriklaydilar, magʻlublarni esa nimjon, takasaltang kimsalar sifatida kalaka qiladilar; gʻala-gʻovur koʻtarishib, taassurotlari bilan oʻrtoklashadilar, huzur qilib xordiq chiqaradilar. Tinch-totuv yashayotgan xalq oʻz qoniga choʻmilib oʻtirsa va bundan huzur qilsa, xoʻsh, dunyoda battar bedodlik bormi? Afsuski, «Non bilan tomosha bering!» degan shior hali-beri oʻlmaydi.

Rim xalqini qirgʻindan qutqarmoq mas’uliyati, dastlab, nasroniy dini zimmasiga tushadi. Imperator buyuk Konstantin nasroniylikni qabul qilgach, ibodatxona qoʻngʻiroklari mamlakatga xushxabar taratadi. Odamlar diyonat va ezgulik tomon yuz buradilar. Bu hol faqat ixtiyoriy xohish-istak tufayli emas, balki majburiy ta’qiq natijasida roʻy beradi: Iso paygʻambarning ta’limoti boʻyicha, har qanday zoʻravonlik man etiladi, ta’limotga amal qilmagan murtadlar jazolanadi.

404 yili Rimda eng oxirgi marta gladiatorlar bellashuvi boʻladi. Kichik Osiyodan kelib, tomoshabinlar safida oʻtirgan Telemax ismli rohib olishayotgan gladiatorlarni ajratib qoʻymoqchi boʻladi. Lekin, qasos olovi koʻzlarini koʻr qilib qoʻygan gladiatorlar begunoh rohibni qilich bilan chopib tashlaydilar. Ular faqat oʻlimdan keyingina yarashamiz deb qasam ichgandilar. Bu holat tomoshani kuzatib oʻtirgan imperator Gonoriyaga juda qattiq ta’sir qiladi: u kelajakda gladiatorlar oʻyinini qat’iyan man etadi.

Rimliklar qonli toʻqnashuvlardan forigʻ boʻlganliklari uchun imperatordan emas, balki jafokash Telemaxdan minnatdor boʻlishlari kerak!

Aytmatov. Bu voqeadan quyidagicha ibratli xulosa chiqarish mumkin: oʻzgalarning azobidan zarracha boʻlsin huzur qiladigan kishi sustkash sadizm dardiga chalingan boʻladi. Demak, insonparvarlik va diniy targʻibot vositasi bilan oʻsha xavfli unsurni bartaraf etish masalasi hamon kun tartibida turibdi.

Ispan korridasi hozirgi kunlarda ham millionlab tomoshabinlarni oʻziga jalb etib kelayotir. Inson quturgan buqa qiyofasidagi ajal bilan yuzma-yuz olishib, tomosha koʻrsatadi. Hatto shu darajaga yetadiki, korrida paytida agar butun Ispaniyada boʻlmasa-da, ammo Madrid koʻchalarida hayot toʻxtab qoladi. Biror sabab tufayli stadionga yetib borolmay qolgan kishi boʻlsa, u televizor ekranidan oʻsha tomoshani koʻz uzmasdan, miriqib koʻradi.

Shoxonov. Mutaxassislarning eng oxirgi tadqiqotlari achchiq haqiqatni isbotlab berdi: koʻpchilik odamlar ichkilikbozlikka tarafdor ekan. Shunday boʻlsa, nega koʻpchilik piyonista boʻlib qolmayapti? Ma’lum boʻlishicha, bu masala odamning oʻziga xos jismoniy xususiyatlarga, oʻzini-oʻzi nazorat qila olishiga, sabr-qanoatiga, an’analarga, muhitga bogʻliq ekan. Kundalik hayotimizda irkit joʻralarining ta’sirida ichkilikbozlikka mukkasidan ketgan erkaklar fojiasini har kuni uchratib turamiz. Afsuski, keyingi paytlarda ayrim ayollar ham piyonista erlari bilan bu borada musobaqadosh boʻlib qoldilar.

Biz odamlar toʻgʻrisida gapiryapmiz, lekin hatto oʻsimliklar olamida ham «issiq suv» ishtiyoqmandlari borligini olimlar aniqlashdi. Tajriba oʻtkazish uchun ajratilgan paykallarga ekilgan oʻn tup oʻsimlik oddiy suv bilan sugʻoriladi. Yana oʻn tup oʻsimlik esa spirt aralashtirilgan suv bilan sugʻoriladi. Natija quyidagicha boʻladi: dastlabki oʻsimliklar odatdagi mezonlarga mos ravishda voyaga yetadi, keyingi oʻsimliklar esa novchaligi, yaproqlarining kattaligi bilan keskin ajralib koʻrinadi. Soʻngra har ikki paykaldagi oʻsimliklar oddiy suv bilan sugʻoriladi: «piyonista» oʻsimliklar avvalgi koʻrkamligini yoʻqotib, qovjirab qoladi.

Spirtli mahsulot qoldiqlarini surunkali ravishda iste’mol qilib yurib, batamom «alkash» boʻlib qolgan choʻchqalar, gʻozlar, oʻrdaklar qay ahvolga tushib qolgani toʻgʻrisida gazetalarda vaqti-vaqti bilan maqolalar e’lon qilinayotir.

Bu narsalar yer yuzasida yashaydigan har qanday tirik mavjudotning oʻziga xos «xurmacha qiligʻi» borligini anglatmaydimi?

Sobiq SSSR hududida paydo boʻlgan mustaqil respublikalarda keyingi yillarda yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik 8-10 barobar, ayrim turlar boʻyicha esa 14 barobar ortib ketdi. Zoʻravonlik, shafqatsizlik targʻib qilinayotgan va uyatli sahnalarni maroq bilan koʻrsatadigan xorijiy video mahsulotlarning bemalol uyimizga kirib kelishi natijasida qishloq va shahar koʻchalarida ommaviy yovuzlik boshlanmadimi? Bu masalada qachongacha yuz-xotir qilish mumkin?

Nazarimda, bugungi suhbatimizdan quyidagicha xulosa chiqarish lozim: har bir kishi ma’lum darajada sadizmga, mazoxizmga moyil boʻladi. Oʻsha unsurlar kimlardadir deyarli sezilmaydi, kimlardadir oʻrtacha boʻladi, kimlardadir sezilarli miqdorda boʻladi. Bu hol boshqa har qanday kasallikdan farq qilmaydi: zirapcha tirnab qoʻygan a’zo keyinchalik shishib ketishi mumkin, tumov asorati natijasida inson halok boʻlishi mumkin. Diniy amri ma’ruf bilan hamkorlikda olib boriladigan insoniy targʻibot va mehr-shafqatga chorlovchi tashviqot samarasi oʻlaroq har qanday yuqumli kasallikning oʻchogʻi bartaraf etilishi hech gap emas. Bu oʻrinda davlat tomonidan koʻrsatiladigan doimiy gʻamxoʻrlik ham juda zarur. Ishqilib, inson qalbidagi hayvoniy tuygʻularni uygʻotib yubormasak bas.

Aytmatov. Sovetlar davrida genetika ilmining oʻzi ichidan buzildi va ta’qibga uchradi. Genetika sohasida jonbozlik koʻrsatib, samarali ishlayotgan olimlar qamoqqa olindi, surgun qilindi, yoʻqotilgan ilmiy asarlar unutildi.

«Yevropa barcha iblislarning onasidir», deb yozgan edi bir paytlari K.Yung. Agar Yevropaga va umuman, Gʻarbga ijtimoiy va insoniy halokatlarning yetakchisi sifatida nazar solsak, biz uchun ibrat boʻladigan koʻp voqealarga duch kelamiz.

XX asrning birinchi yarmida Yevropa madaniyatining sinchikov namoyandalari «ommaviy inson», «olomonbop inson», «ijodkor inson», «faustiy inson» davri boshlanajagini karomat qildilar va xiyla qamrovdor talqin etilgan asil qadriyatlarning yoʻqolib ketajagini koʻrsatib oʻtdilar.

Ruhiyatshunoslik ilmi asosida insonning oʻzligini yoʻqotish hodisasi favqulodda teran talqin qilindi. Tahliliy ruhshunoslikning otasi hisoblanmish K.Yung: «Soppa-sogʻ insonning ruhiy qusurlari ijtimoiy va siyosiy sohalarga yorib kiradi hamda urush va inqilob kabi ommaviy talvasa koʻrinishida namoyon boʻladi», deb yozadi. Shundan keyin «koʻpchilik odamlar olomon shaklida birlashadi, jamoat a’zosi boʻlgan odamning oʻsib-ulgʻayib boradigan quvvati tushovni uzib, olomonning bir qismiga aylanmay turgan paytida har bir kishining qalbida uxlab yotgan vahshatlar, iblislar ozodlikka chiqadi. Olomonning ajralmas qismi sifatida koʻpchilikka qoʻshilgan odam ongsiz ravishda axloqan va aqlan tubanlashadi. Shu darajada tubanlashadiki, u endi aql-idrok ostonasida turadi va doimo, har qanday daqiqada olomon tomonidan harakatga keltirilishi mumkin boʻladi...» Shunday qilib, «telba bilan olomon oʻrtasida hech qanday farq yoʻq, chunki ikkovini ham qiyofasiz, mavhum kuchlar harakatga keltiradi; zotan, olomonning bir qismiga aylanib qolgan inson ruhiy jihatdan sogʻ emasdir».

Jazavaga tushib qolgan olomon bilib-bilmay shafqatsizlik qiladi, zoʻrovonlik va buzgʻunchilik yoʻlida ommaviy qurbonlik keltiradi.

Shoxonov. Hozirgi zamondagi inson ma’lum ma’noda jang maydonini eslatadi. Umuman, dolgʻali zamonlarda, ijtimoiy silkinish paytlarida har doim qandaydir qonuniyat paydo boʻladi: jamiyatda qoʻqqisdan goʻyo hech narsa bilan asoslanmagan holda jinsiy faollik boshlanadi; koʻpincha ehtirosga erk berib yuboriladi, sharm-hayo unutiladi. Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida an’anaviy oila va axloq inkor etilgach jinsiy oʻzboshimchalik roʻy berganini, Fransiyadagi yoshlar inqilobini, «xippi»larni, «jinsiy inqilob» shiori ostida bosh koʻtargan «bitnik»larni, «roker»larni, «natsi»larni va ularning qoʻpol shahvoniy harakatlarini eslab oʻtish kifoya boʻlsa kerak.

Bu voqealar bugungi davr inqirozga yuz tutganini koʻrsatibgina qolmaydi, ayni paytda sayyoramiz qamrovida yangi tartib-qoidalar vujudga kelayotganidan ham guvohlik beradi. Bu silkinishlar inson olamiga yorib kirayotgan kuchli jarayonning aks sadolaridir.

Aytmatov. Ezgulik salgina chekinsa — bas, uning oʻrniga darhol yovuzlik mustaxkamlanib oladi. Afsuski, biz uzoq vaqt bunga ahamiyat bermadik. Tirik inson yaratuvchilik va buzgʻunchilik, oʻylab va oʻylamasdan qilinadigan son-sanoqsiz harakatlar manbaidir. Insonning ichki olami nihoyatda murakkab va xavfli yoʻl-yoʻlaklardan iborat. Lekin, nima boʻlishidan qat’i nazar, qonxoʻrdan qonxoʻr tugʻilishini, yovuz kimsadan yovuz kimsa tugʻilishini, manqurtchilik va zombichilik vabosini ollindan bartaraf etish kerak. Bu jamiki insoniyatning muqaddds burchi hisoblanadi.

Avvalgi
I- qism