OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MualliflarChingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov
Asar nomiChoʻqqida qolgan ovchining ohi-zori (III- qism)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Qirgʻiz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Chingiz Aytmatov
   - Muxtor Shoxonov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Sharq» Nashriyot-Matbaa Konserni Bosh Tahririyati, Toshkent, 1998 yil
TarjimonNabijon Boqiy, Yoqubjon Xoʻjamberdi
Hajm305KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/30
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Tarjima muharriri: Tursunboy Adashboyev


Annotatsiya
XX asrning buyuk yozuvchisi Chingiz Aytmatov bilan taniqli qozoq shoiri, yirik jamoat arbobi Muxtor Shoxonovning samimiy suhbatlari natijasi o‘laroq dunyoga kelgan ushbu kitob insoniyatga cheksiz ishonch va mehr-muhabbat mahsulidir. Inson umrining mohiyati — ma’naviy jasorat, inson esa haytning gultoji. Foniy dunyoda insonga borib taqaladigan chigal muammolar behisob. Bunday muammolarga har bir kishi duch keladi va har kim o‘zicha javob izlaydi, o‘zicha javob topadi. Abadiyat faqat kelajakmi yoki o‘tmish ham, ushbu damlar ham abadiyatmi?.. Xullas, mualliflar nozik masalalar to‘g‘risida nozik fikr yuritadilar va kitobxonni ham fikrlashga undaydilar: o‘quvchi Chingiz og‘a bilan Muxtor og‘aga hamsuhbat bo‘lib qoladi, sirdosh bo‘lib qoladi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Choʻqqida qolgan ovchining ohi-zori (III- qism)
Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov

Koʻzadan Chiqqan Boshchanoq Yoki Turkiylarning Tarixiga Bir Nazar

«
Yaxshimi-yomonmi, har bir xalqning oʻz tarixi, oʻtmishi bor. Shu bois insoniyatdan yomon tomonlarini yashirib, faqat yaxshi tomonlarini koʻz-koʻzlab, oʻz tarixini har xil bezak-boʻyoqlar bilan jimjimador qilib, uni bir-biriga mos kelmaydigan matahlar bilan yamab-yasqab oʻtirish kechirib boʻlmaydigan holdir. Axir, har bir yangi avlod oʻz hayotini boshqa mamlakatlarda roʻy bergan koʻtarilish, taraqqiyot bilan taqqoslab koʻradi va tanazzul sabablarini qidiradi. Agar tanazzul sabablarini toʻgʻri topsa, endi oʻsha xatolarni takrorlamaslikka intiladi, toʻgʻri yoʻlga tushib olishga harakat hiladi.
Chingiz Aytmatov
»
«
Shoirga ne sirni aytar qora tosh,
oʻtgan kunlar yodi — qumlarga sirdosh.
Qum ostidan koʻrar bobolar koʻzi —
Sening har qadaming, aytgan har soʻzing.

Muxtor Shoxonov
»

Shoxonov. Oʻz tarixingni bilmasang, ildizi yoʻk daraxtga oʻxshaysan. Quruqlik paydo boʻlib, suvlar oqib boshlagan davrlardan beri dunyo yuzini koʻrgan xoh ulugʻ, xoh moʻ’jaz xalq boʻlsin, baribir, har birining asrlar qa’ridan unib chiqqan oʻziga xos qadimiy tarixi boʻladi. Bu tarix qogʻozda qayd etilganmi yoki Vaqt deb atalmish ilohiy hakamning oyoqlari ostida xuddi qumga toʻkilgan tomchi kabi toptalib yoʻq boʻlib ketganmi, bundan qat’i nazar, uning buyuk sir-asrori, mohiyati saqlanib qoladi. Gʻarb mamlakatlarining tarixi juda yaxshi yozilgan, lekin hozir gap ular toʻgʻrisida emas. Koʻp asrlik qadimiy tarixi goh teriga, goh qogʻozga qayd etilgan bizga qoʻshni boʻlgan Xitoy yoki Yaponiyaning solnomalarini oʻqiyotib beixtiyor qalbingni buyuk armon oʻrtay boshlaydi. Nega bizning tariximiz yozib qoldirilmagan?! Bunday paytlari oʻzgalar tarixiga ham havas bilan, ham hasad bilan qaraysan.

Aytmatov. Biz tarix toʻgʻrisida suhbat boshlagan boʻlsak-da, ammo ikkovimiz ham malakali tarixchi emasmiz: arxivlardan hujjatli dalil-dastaklar qidirmaganmiz, qadimiy shajaralaru solnomalarning changini yutganimiz yoʻq. Shuning uchun bu masalada biz tushunadigan hamma narsani oddiy, oʻrtamiyona oʻquvchi ham tushunadi. Shunday boʻlsa-da har bir inson jamiyatning tarixiy taqdirini, oʻzi tugʻilgan, yashayotgan yurtning taraqqiyot yoʻllarini, xalqning oʻtmishini va bugungi kunlarini oʻylaydi. Nazarimda, yozuvchi nigohi bilan tarixga bir qarab qoʻysak zarar qilmaydi. Boz ustiga taraqqiy etgan mamlakatlarning koʻpjildlik tarix darsliklari oldida bizning oʻquv qoʻllanmalarimiz ikki enlik ham emas.

Sir emaski, turkiy xalqlarning tarixi asosan SSSR davrida yozildi. Oʻsha davrda yaratilgan tarix kitoblarining oʻziga xos xususiyati shundan iboratki, oʻz yurtini oʻzga yurtlardan kelgan bosqinchilardan himoya qilgan botirlar, xonlar, adolatli va oqil hakam biylar, beklar, shuningdek, feodallarga, mustamlakachilarga qarshi qoʻzgʻolonlarga boshchilik qilgan xalq qahramonlari oddiy xalqning qonxoʻr va adolatsiz dushmanlari hisoblanardi. Oʻz xalqining oʻtmishini haqqoniy tadqiq etgan koʻplab tarixchilar elliginchi yillargacha ayovsiz repressiyaga uchradilar, ta’qib ostiga olindilar, qamoqxonalarga tashlandilar, surgun qilindilar va koʻplari halok boʻldilar. Biz oʻz tarixini bilmaydigan xalq nima boʻlishini yaxshi bilamiz. Biz oʻzining ota-bobosini tanimasdan voyaga yetgan odamlar nima boʻlishini yaxshi bilamiz. Bunday siyosatning mohiyati bizga kunday ravshan.

Shoxonov. Oʻsha yillari taniqli qozoq shoiri Toyir Jaroqovning bitta hazil gapi juda mashhur boʻlib ketgandi. Agar gap tarixiy mavzuga borib taqalsa yoki xalq oʻtmishi bilan bogʻliq boʻlgan qandaydir muammo koʻtarilib qolsa, u darhol: «Men ahmoq emasman, Oktabr inqilobidan oldingi tarixga burnimni tiqmayman», derdi. Qadimiy tarixni roʻy-rost yoritgan vatandosh olimlar taqdiri nima boʻlganini oʻz koʻzi bilan koʻrgan shoirning zaharli hazili ostida achchiq haqiqat bor.

Chike, kitobimizning boshqa boʻlimlarida oʻzimiz shaxsan boshimizdan kechirgan, guvoh boʻlgan voqealar toʻgʻrisida gaplashdik; ichki sirlarimizni oʻrtoqlashdik, ayrim muammolarga shaxsiy fikr-mulohazalarimizni bayon etdik. Tarix deb atalmish murakkab masala esa kishidan juda katta tayyorgarlikni, halollikni talab qiladi. Bu oʻrinda biz magnitofon tasmasiga yozilgan oʻz mushohadalarimizni, oʻy-fikrlarimizni osongina qogʻozga koʻchirib qoʻya olmaymiz. Aytilgan gaplarni teran tahlil qilishga toʻgʻri keladi. Bu ishda biz har xil kitoblardan, qoʻlyozma manbalardan, xorijiy mamlakatlarning arxivlarida yotgan manbalardan, shajaralardan, tarixiy yilnomalardan foydalanishimiz zarur. Muayyan bir tarixiy davr yoki voqea haqida gap kesa, kundalik daftarimizdagi yozuvlar, qoralamalar tarixiy manbalarga taqqoslab koʻrilishi lozim boʻladi. Tadqiqotchilar kabi chinakamiga ter toʻkish kerak. Kitobimizning ushbu boʻlimi ana shu jihatlari bilan xiyla murakkab.

Tarixiy tadqiqot bilan mashgʻul boʻlgan ayrim olimlar qadimiy merosimizni tirnoqlab toʻplaydilar-u, lekin me’yorni bilmaydilar: ular oʻzlariga ma’qul kelib qolgan ba’zi voqealar ahamiyatini osmon qadar ulugʻlab, oʻzlariga ma’qul kelmagan voqealarni yer bilan yakson etib yuboradilar. Afsuski, mana shunday yengil-elpi tarixiy asarlar koʻpayib ketdi. Boz ustiga, xuddi yomgʻirdan soʻng bodroqday koʻpirib chiqqan qoʻziqorinlar kabi bir-birini qaytaradilar yoki bir-biridan oʻgʻirlangan ma’lumotlar, ya’ni koʻchirmachilik hollari nihoyatda ommaviy tus oldi. Boshqa toifadagi olimlar boʻlsa, xalq boshiga mislsiz musibat keltirgan va begunoh odamlarning qonini oqizgan tarixiy shaxslarni xalq himoyachilari va qahramonlar maqomiga koʻtarmoqdalar. Masalan, Sibir xonligini yakson qilgan va Gʻarbiy Sibirni talon-taroj qilib, qonga botirgan Yermak va uning kallakesarlari nima uchun shu paytgacha buyuk jasorat koʻrsatgan qahramonlar sifatida talqin etilayotir? Chingizxonning qonli yurishlari ham asossiz ravishda koʻklarga koʻtarilyapti: goʻyo hozir bizga doʻst boʻlgan moʻgʻil xalqini ranjitib qoʻymaslik, ularning nomiga gard qoʻndirmaslik uchun shunday qilinayotgan emish! Gap yoʻq, balki ular oʻz davrida oʻzlarining tushunchasi boʻyicha xalq uchun, vatan uchun nimalardir qilgan boʻlishi mumkin. Ehtimol, ularning xohish-irodasiga koʻra, ulugʻvor maqbaralar, saroylar, ibodatxonalar, machitlar barpo etilgandir. Biroq, ular gullab-yashnagan shaharlarni xonavayron qilganlar, son-sanoqsiz begunoh insonlarning yostigʻini quritganlar-ku! Ularning bunday qilmishini oqlab boʻladimi? Boshqachasiga aytganda, agar biz oʻz xalqimizning tarixiga yangicha nazar tashlashni istasak, avvalo, haqqoniyat tarafdori boʻlishimiz kerak. Voqealarni bir tomonlama tahlil etmasligimiz, tadqiqotlarimizda tarafkashlik qilmasligimiz lozim. Har bir hodisaga toʻgʻri yondoshib, unga vatanparvar nuqtai nazaridan baho bermoq darkor. Albatta, zaruriy ilmiy tayyorgarlikka ham ega boʻlmogʻimiz shart.

Agar biz haq yoʻldan chekinsak, bobolarimiz xotirasi oldida gunoh qilgan boʻlamiz. Kelajak avlod oldidagi gunohimiz ming barobar ortiqroq boʻladi.

Aytmatov. Men ham xuddi shunday fikrdaman. Endi biz turkiy xalqlar tarixi toʻgʻrisida gaplashamiz. Umid qilamanki, boshqa mamlakatlarning va xalqlarning boshqa tillarda gaplashadigan farzandlari buning uchun bizdan hafa boʻlmaydilar. Ishonamanki, ular ham biz kabi oʻylaydilar. Afsuski, koʻchmanchi boʻlgan turkiy xalqlarning tarixi doimo qogʻozga yoki boshqa manbalarga yozib qoldirilmasdi. Bor tariximiz ham oʻrta asrlarda boʻlib oʻtgan dahshatli urushlarda ot tuyoqlari ostida qolib yanchildi, yongʻinlarda kuyib kul boʻldi, oʻchib ketdi, yoʻqoldi. Turkiylar bilan qoʻshni boʻlgan ayrim xalqlarning yodgorliklarida, tadqiqotlarida va toshbitiklarda ba’zi bir ma’lumotlar saqlanib qolgan. Biroq, oʻsha ma’lumotlar ham uzuq-yuluq, davomiyligi buzilgan, ba’zan turkiy xalqlar hayoti notoʻgʻri yoritilgan. Shuning uchun agar biz ma’lum darajada qandaydir davomiylikka, qonuniyatlarga amal qilgan holda qozoq va qirgʻiz xalqlarining tarixini solnomaga joylashga erisha olsak, har xil tillarda va har xil manbalarda, har xil asrlarda va har xil hodisalar munosabati bilan qayd etilgan ma’lumotlarni bir ipga tizib bera olsak oʻquvchilarga juda katta xizmat koʻrsatgan boʻlamiz. Oʻylaymanki, bu ishga bel bogʻlaganimiz uchun bizni boshqa mamlakatlarda yashaydigan doʻstlarimiz, hamkasblarimiz «faqat oʻzlarining ichki ishlari bilan shugʻullanishyapti» deb, oʻzgalarning tarixiy merosiga e’tibor berishmayapti deb koyishmasa kerak.

Axir, biz ayirmachilik qilmoqchi emasmiz, aksincha, yoʻqotganlarimizni toʻplamoqchimiz, vaqt oʻtishi bilan noaniq boʻlib qolgan narsalarni aniqlashtirmoqchimiz, xotirada xiralashib qolgan narsalarni tiklamokchimiz. Ota oʻz farzandlarining sa’y-harakatlari uchun javobgar boʻlgani kabi har bir xalq ham oʻz tarixining oldida javobgardir», degan edi buyuk bobomiz Abu Nosir al-Forobiy.

Qadimshunos olimlarning, insoniyat Afrikadan Yer yuzasiga tarqalgan, degan e’tirofi qanchalik toʻgʻri ekanini bilmayman. Bu haqda hukm chiqarmoqchi emasman. Lekin bilamizki, Yer yuzidagi besh milliard nafardan ortiq aholi yuzlab millat va elatlarga boʻlinadilar. Juda uzoq davom etgan insoniyat evolyutsiyasi uchta yirik bosqichga taqsimlanadi: qadimiy tarix, oʻrta asrlar tarixi, yangi tarix (keyingi asrlar tarixi). Mana shu nisbiy taqsimot muqaddimasida insoniyat avlodining ikki million yildan koʻproq davom etgan murakkab tarixi bor.

Qadimgi davrlarda yashagan bobolarimizning hayoti tabiat bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan: ular tabiat bilan barobar rivojlanadilar, birga yashaydilar, bir-biriga tobe boʻladilar. Dunyoni toʻfon bosgunchami yoki toʻfondan keyinmi, yer yuzasini buyuk muzlik qoplagandami yoki navbatdagi muzlik davridami, balki undan sal keyinroqmi, ishqilib, insoniyat toʻrt irqqa boʻlinadi: oq tanlilar, qora tanlilar, sariq tanlilar, qizil tanlilar. Irqiy boʻlinishning oʻzi juda katta jumboq boʻlsa, insonning paydo boʻlishi ham oxirigacha yechilmagan jumboq boʻlib turibdi.

Yer yuzasidagi insoniyat irqlari faqat keyingi oʻn-oʻn ikki ming yil orasida faol, samarali rivojlanadi. Shu davrdan yer yuzasida hayot uchun qulay shart-sharoitlar vujudga keladi.

Har bir xalq oʻzining «bolalik» davrini — shakllanish, voyaga yetish davrini boshidan kechirgan. Olmonlar va inglizlar, ispanlar va fransuzlar, yaponlar va koreyslar, forslar va arablar, hindlar va xitoylar — har bir millat tinchlik va taraqqiyot gʻamini yeganlar, bilimlarini kengaytirib, chuqurlashtirib borganlar. Shuningdek, Markaziy Osiyo hududlarida yashaydigan qabilalar ham yuksak taraqqiyot bosqichiga koʻtariladilar. Hozir bu yerda istiqomat qiladigan qaysi xalq birinchi boʻlib oʻz shaharlarini, qoʻrgʻonlarini barpo etganini, kim ilm-fanni rivojlantirganini, kim san’atni yuksaklikka koʻtarganini, kim yozuvni bilganini, kim otining dumini tugib, olis jahongirlik safarlariga otlanganini aniq aytib boʻlmaydi.

Hozir Qozogʻistondagi qadimiy xarobalardan qurol-yaroq, kundalik turmush buyumlari yoki san’at asarlarining namunalari topilib qolsa, bu narsalar qadim zamonlarda shu yerda yashagan bobolarimizga tegishli boʻlgan deb aytish qiyin. Uzil-kezil shunday fikrda turib olinsa, xato boʻladi. Axir, mana shu bepoyon kengliklarda eramizdan avvalgi VIII—III asrlarda qancha-qancha qabilalar istiqomat qilmagan deysiz! Ularning koʻpchiligini bilamiz. Biz bilmagan yana necha-necha qabilalar bu yerda oʻchoqqa olov yoqib, farzandlarini parvarish qilganlar. Masalan, hozirgi finlarning qadimiy ajdodlari qozoq tuprogʻida yashaganlar. Yoki boʻlmasam, qadimiy Rim qoʻrgʻonlaridan birida qazilma chogʻida topilgan oʻziga xos sahroyi naqshlar bilan bezatilgan qalpoq nimani anglatadi? Oʻsha qalpoq Atilla qoʻshinida xizmat qilgan, ter va qonga botgan yovqur xun jangchisiga tegishli emasmikan? Qani, bunday emas deb kim ayta oladi?

Shubhasiz, qadimiy dunyo tarixini koʻplab xalqlar birgaliqda yaratganlar. Insoniyat taraqqiyotida oʻchmas iz qoldirgan oʻsha xalqlarning avlodlari hozir Yer yuziga sochilib ketganlar.

Shoxonov. Ehtimol, odamzot endi emaklab yurishni bas qilib, oʻzini ongli mavjudot sifatida his eta boshlagan va ilk ibtidoiy jamoa tuzum kurtaklari nish urayotgan kezlarda insoniyat yagona boʻlgan esada ajab emas. Vaqt oʻtishi bilan insoniyat parchalanib ketadi: hayot uchun yaroqli boʻlgan yangi oʻlkalar oʻzlashtiriladi; sayyora miqyosida roʻy bergan falokatlar, tarixiy hodisalar natijasida xalqlar tobora bir-biridan uzoqlashib, taraqqiyot bobida bir-birini ortda qoldirib boraveradi. Yoʻqsa, tubjoy amerikaliklar bilan afrikaliklar oʻrtasidagi yaqqol farqni qanday izohlash mumkin? Boʻlmasam, bir-biriga deyarli qoʻshni boʻlgan yaponlar bilan hindlar oʻrtasidagi yer bilan osmoncha tafovutni qanday tushunmoq lozim? Lekin, bu degani bir xalq madaniyat jihatidan, son jihatidan boshqa xalqdan ustun qilib yaratilgan degan ma’noni anglatmaydi.

Amerika kashf etilishidan ilgari hindular oʻzlarining milliy madaniyatlarini avaylab-asraganlar, san’at va hunarmandchilikni oʻziga xos yoʻsinda rivojlantirganlar. Afsuski, keyingi uch yuz yil mobaynida ular koʻp narsadan mahrum boʻldilar, faqat tutqungohda kerak boʻladigan kundalik ehtiyojlarini saqlab qoldilar, xolos.

Aytmatov. Bularning hammasining bosh sababi — mustamlakachilik siyosatidir. Dunyodagi koʻpchilik olimlar: «Afrika, Osiyo xalqlarining yoki Avstraliyadagi tubjoy aholining Yevropa xalqlariga nisbatan qoloqligi, iqtisodiy, siyosiy, madaniy jihatdan unchalik rivojlanmaganligi asosan oʻsha xalqlarning turmush kechirish shart-sharoiti bilan bogʻliqdir. Ular ishlab chiqarishga moslashmagan, aqliy darajasi mahdud boʻlib qolgan, qobiliyat jihatdan ham yevropaliklardan xiyla orqada», deb aytadilar. Afsuski, bunday nazariya hamon hukmron mavqega ega boʻlib turibdi. Aslida, bunday koʻngilsiz hodisaning bosh sababchisi — boya aytganimdek, mustamlakachilik siyosatidir. Bu xalqlarga nisbatan asrlar davomida oʻtkazib kelingan zulm natijasida butun-butun xalqlar taraqqiyotdan orqada qolib ketdilar. Musibatning bosh aybdori — siyosat. Koʻpgina yevropaliklar oddiy shu haqiqatni tan olishni istamaydilar. Mustamlakachilik nazariyasi hayotga tadbiq etildi, bir qator mamlakatlarda esa rasmiy siyosat darajasiga koʻtarildi. Mustamlakachilik zulmining kuchayib, kengayib borishiga qarama-qarshi turajak vosita sifatida milliy ozodlik harakatlari, qonli toʻqnashuvlar avj olib ketdi.

Agar qulay shart-sharoitlar tugʻilsa va iqtisodiy imkoniyatlar yetarli boʻlsa, ayrim rivojlanayotgan davlatlar bir necha yil ichida yuksak taraqqiyotga erishgan mamlakatlarni bemalol har tomonlama quvib oʻtishi mumkin. Yaqindagina koʻpchilik Yevropa mamlakatlari madaniyat va turmush tarzi sohasida Osiyo mamlakatlaridan xiyla orqada edilar. Faqat keyingi 400 yil mobaynida Yevropa ilgʻorlar safiga qoʻshilib oldi, xolos.

Odatda, unchalik rivojlanmagan mamlakatlar deb yuritiladigan (Janubiy Koreya, Tayvan, Singapur kabi) davlatlar hozir jahon iqtisodiyotida, jahon bozorida muhim oʻrinlarni ishgʻol qildilar. Ular taraqqiyot sur’ati boʻyicha dunyodagi yetakchi davlatlar safida turadilar.

Shoxonov. Ha-a, biz istagan ozodlik bilan amaldagi tobelik oʻrtasida hali juda katta tafovut bor. Koʻpgina xalqlar ozoddikni qoʻlga kiritgan boʻlsalar-da, ammo haqiqiy ozodlik ham, tom ma’nodagi mustaqillik ham oldinda turibdi. Amalda boʻlayotgan ba’zi bir ishlar ham ularning qaramligidan, qullik asoratidan xalos boʻlmaganidan darak beradi. Inson ozod boʻlmagan joyda uning joni ogʻriydi, azoblanadi. Mustamlakachilik siyosatining asorati, jismoniy va ruhiy qaramlik milliy madaniyatga, urf-odatlarga, ommaning dunyoqarashiga, aql-idrokka, milliy qadriyatlarga, millatning har bir vakiliga salbiy ta’sir oʻtkazdi. Shu boisdan koʻpchilik oʻz tarixini, etnografiyasini bilmaydi yoki nazariga ilmaydi. Oʻtgan asrda rus dvoryanlari va zodagonlari oʻzlarining ona tillariga yot nazar bilan qarardilar: bu tilda kambagʻallar, qora xalq, qullar gaplashadi deb pastga uradilar; oʻzlari esa faqat fransuz tilida soʻzlashar edilar. Qullar ruhiyatini yorqin aks ettiradigan bundan ortiq misol boʻlmasa kerak! Axir, oʻzimiz ham kechagina chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosatini bizga oliymaqom madaniyat va ma’rifat keltirdi, Oʻrta Osiyo xalqlarini savodsizliqdan, yovvoyilikdan qutqardi deb koʻklarga koʻtarmasmidik?!

Umuman, insoniyat tarixida oʻtgan asrlardan buyon chuvalashib kelayotgan, koʻpincha tabiiy ofat darajasiga yetadigan salbiy misollar istagancha topiladi. Tili, dini, iymon-e’tiqodi bir boʻlgan, qozon-tovogʻi bir boʻlgan xalqlar bir-biriga zoʻrovonlik qiladilar, boshqa millat vakillarini kamsitadilar, johillik tufayli bir-birini «kelgindi!» deydilar.

Irqchilik nazariyasining eng ogʻir merosi — bu tarix haqiqatini buzib koʻrsatish, tarixny soxtalashtirishdir. Muayyan bir xalqning iqtisodiy ahvolini koʻtarish, yaxshilash uchun oʻsha xalq asossiz ravishda ulugʻlanadi, koʻklarga koʻtariladi. Ayni zamonda ruhan va jisman qardosh boʻlmagan boshqa xalq ongli ravishda yerga uriladi, tarix sahnasidan surib chiqariladi. Soʻnggi tarixiy davrning — soxta tarix yaratish davrining asosiy tamoyillari ana shulardan iborat.

Hozir biz imperiyaning zulm-zalolatidan xalos boʻldik deyishimiz mumkin. Biroq, bungacha qancha avlod xoʻrlandi, ruhan qashshoqlashdi, tubanlashdi.

Aytmatov. «Hukmdorlik tarixi. Gʻarbiy oʻlkalarning shajarasi» nomli kitobda Oʻrta Osiyoda istiqomat qilgan sak qabilalari toʻgʻrida gap ketadi. Ular nihoyatda jasur, yovqur xalq boʻladi. Dushmanga shafqatsiz, doʻstga mehribon boʻladi. Keyin mana bunday ta’rif beriladi: «Ular dushmanning bosh chanogʻidan ichimlik quyiladigan kosa yasaydilar, shu kosa bilan may ichadilar. Dushman terisidan tasma yasab taqib yuradilar...» Bunday odat bizning zamondoshlarimizga yoqmasligi mumkin, lekin oʻtgan asrlardagi koʻpchilik qadimiy xalqlar shunday urf-odatlarga amal qilganlar. Oʻylaymanki, agar hozir biz tarixdagi voqealar qanday boʻlsa, shundayligicha bayon etsak, zukko oʻquvchi buning uchun roviylarni aybdor sanamasalar kerak. Saklarning yoʻlboshchisi qazo qilsa, unga itoat etadigan xalq juda qattiq motam tutgan: oʻtkir tigʻ, qurol bilan oʻz badanlarini tilganlar. Xon qoʻrgʻonga dafn etilgan. Unga qoʻshib xotinlari, choʻrilari, otlari, qurol-aslahalari, qimmatbaho buyumlar, tillo va kumush tangalar, oziq-ovqat ham yerga koʻmilgan. Odat shunaqa edi.

Shoxonov. Urush paytida bir xalq boshqa bir xalqqa nisbatan oʻtkazgan zulm-zahmat toʻgʻrisida gapirib oʻtirishdan hech qanday foyda boʻlmasa kerak. Shunday boʻlsa-da, begunoh qurbon boʻlgan odamlarning ruhi tiriklarga tinchlik bermaydi, qalbimizni mudom larzaga solaveradi. Beixtiyor qozoq shoiri Ziyobek Rustamovning bitta she’ri yodga tushadi:

Arablar shunchaki zabt etishmadi,
qancha boshlar qoldi tuyoq ostida.
Unutsin deb xalq oʻz kechmishin,
toshlardan oʻchirdi xotiralarni.
Va yozdilar qadim mixxat oʻrniga
ilon izi begona shikasta xatlar...

Mening nazarimda, nihoyatda ibratli boʻlgan misralarni mudom esda tutmoq joiz.

Aytmatov. Boz ustiga, bu she’rda qadimiy turklarning bitiktoshlari eslatilyapti: nom-nishonsiz yoʻqotib yuborilgan har bir bitiktoshda bizning xotiramizdan chetda qolgan butun boshli bir davr yashirin boʻlishi mumkin. Vaqt qadimiy xunlarning yozuvidan ayovsiz qasos oladi. Xitoy solnomalarida aytilishicha, qadimiy turklarning madaniyati va tili xunlarning madaniyati bilan tilidan tarqalgan ekan. Jamiki turk xalqlarining timsoli (totem) bitta — BOʻRI. Shu bois oʻtmishda jangovar bayroqqa boʻri tasviri tushirilgan, tut boshiga esa boʻrining bosh suyagi ilib qoʻyilgan. Agar qadimiy afsonani eslaydigan boʻlsak, turklarning xoqoni ham ona boʻridan tugʻiladi, boʻrining farzandi hisoblanadi. Qonli janglardan birida xunlarning hammasi bitta qolmasdan qirilib bitadi; faqat yoʻlboshchi va uning oʻgʻloni, eng kenja farzandi tirik qoladilar. Ustiga-ustak, dushman qabilaning jangchilari bolakayning oyoq-qoʻllarini kesib tashlaydilar. Keyin majruh bolani botqoqlikka itqitib yuboradilar. Ona boʻri oʻsha bolakayni topib oladi; uni ochlikdan, muqarrar oʻlimdan asrab qoladi. Soʻngra ular er-xotin boʻladilar. Ulardan oʻn nafar oʻgʻlon dunyoga keladi. Eng kenja farzandning ismi «Ashina» edi. U qadimiy turk qogʻonlari sulolasining bosh boʻgʻini hisoblanadi. Boʻrilar boshqa farzandlarini Qipchoq, Qirgʻiz, Tatar deb, turkiy xalklarga mansub elatlarning nomlari bilan ataydi.

Men koʻpgina xalqlarning afsonalarini, ertaklarini eslayman: ularning aksariyatida boʻri insonga yordam beradi yoki bosh boʻgʻin ota-onalaridan biri boʻladi. Masalan, sakkizta emchagi bor mashhur antik ona boʻri abadiy shahar boʻlmishning asoschilarini Rim-Romul-Remni parvarish qiladi.

Qadimiy Troya shahri vayron qilinib, kuli koʻkka sovurilgach, shahar himoyachilarining ozchilik qismi jonlarini saqlab qoladilar. Ular shoshilinch ravishda kemalarda sohildan uzoqlashadilar. Eney ismli dargʻaning tajribakorligi tufayli omon-eson Italiya qirgʻoqlariga yetib borishadi. Qochoqlar yoʻlda koʻp sarguzashtlarni boshlaridan kechirishadi. Oradan oʻn yildan ortiq vaqt oʻtgach, Eneyning avlodi hisoblanmish Numitor yangi qoʻnimgohda podsho boʻladi. U juda ochiq koʻngil, mehribon inson edi. Uning ukasi Amuliy ismli hasadgoʻy, yovuz kimsa edi — akasi podsho boʻlgani uchun kuyib ketadi, pand berish yoʻllarini qidiradi. Nihoyat, u akasini oʻldirib, taxtni egallab oladi. Amuliy podsho boʻlgach, Numitorning yaqin kishilarini qilichdan oʻtkaza boshlaydi. Xususan, Romul va Rem ismli balogʻatga yetmagan oʻgʻillarini ham oʻldirmoqchi boʻladi. Marhum podshoning bolalariga otalik qiladigan kishi yangi podshoning farmoniga koʻra, norasida yigitchalarni gumdon qilishi kerak edi. Lekin ularni oʻldirishga qoʻli bormaydi va bolalarni boʻri uyasiga eltib tashlaydi. Bolalarni ona boʻri voyaga yetkazadi, ularni oʻz suti bilan boqadi. Ular voyaga yetgach, koʻplab jasorat namunalarini namoyon etadilar va oxir oqibat, hokimiyatni egallaydilar. Afsonada aytilishicha, oʻsha ogʻa-ini qadimiy Rim shahriga asos soladilar.

Shoxonov. Darhaqiqat, koʻpgina xalqlarning afsonalari, ertaklari, maqol-matallari bir-biriga oʻxshaydi. Bu haqda maxsus gaplashamiz.

Rim haqida gap ochilib qoldi, bir narsani alohida ta’kidlamoq lozimki, dunyodagi birorta mamlakatning antik tarixi qadimiy Rim saltanatining tarixi kabi batafsil asosli, ipidan-ignasigacha oʻrganilmagan. Rimliklar boshqa xalqlarga nisbatan xiyla oldinroq ilm-fanga oshno boʻlganlar, oʻz tarixini solnomalarga qayd etib borganlar. Bu jihatdan tahsinga loyiq ish qilganlar.

Qadimiy tarix sinchiklab koʻzdan kechirilsa, rimliklar V asrgacha Gʻarbiy Yevropani batamom zabt etganini va boshqa xalqlarni ham oʻz ta’sir doirasida, qoʻrquvda tutib turganini kuzatish mumkin. Behisob begunoh odamlarning oʻlimiga sabab boʻlgan bosqinchilik urushlari yovvoyilik belgisi emasmi? Agar biz qadimiy xalqlarning boʻyniga «yovvoyi varvarlar» degan yorliqni osib qoʻysak, bundan kimga foyda-yu, kimga zarar? Buning keragi bormi?

Aytmatov. Umuman, qaysi davrni olib koʻrmaylik, muayyan bosqichda qudratli boʻlgan toifa doim gʻolib keladi, oddiy xalq esa doim aybdor boʻlib qolaveradi. Axir, zabt etilgan xalqlarning boyliklari dehqon yoki bogʻbonga, choʻpon yoki podavonga tegmaydi-ku!

Agar qadimiy dunyoning tarixchilari ayrim xalqlarni «yovvoyi varvarlar» deb atasalar, ehtimol, buning faqat bitta sababi bor — ular oʻzlarining tajovuzkorligini oqlamoqchi boʻladilar. Aks holda, boshqa xalqlarning hayotini tashkil etgan muqaddas osori atiqalarning jahongirlar tomonidan yoʻqotib yuborilishini qanday qilib oqlab boʻladi?

Shu munosabat bilan eramizdan avval yashagan buyuk Rim shoiri Publiy Ovidiy Nazonning quyidagi gaplari yodimga tushdi: «Atrofimda yovqur koʻchmanchi sarmatlar yashaydi. Yozda Dunayning zilol suvlari bizni himoya qilib turadi. Lekin, qish kelib, daryo ustini muz qoplagach, sarmatlar ketma-ket hujum uyushtiradilar, talonchilik qiladilar. Ular chapdast otlariga Rim qishloqlaridan mol-mulkimizni ship-shiydam qilib, mol-quylarimizni va asirlarni haydab ketadilar. Hatto shahar koʻchalaridan ham ba’zan uchiga zahar surtilgan sarmatlarning oʻqlari viz-viz etib uchib oʻtadi».

Bu qaydnomaning qimmati shundaki, unda muhim tarixiy haqiqat bor.

Shoxonov. 24 yasharlik paytidayoq dunyoga mashhur boʻlgan shoirning keyingi taqdiri nihoyatda ayanchli kechadi. Tabiatan jizzaki, toʻgʻrisoʻz, qiziqqon, murosasiz boʻlgan Ovidiy keyinchalik Rim podshosining gʻazabiga uchraydi va olis Qora dengiz sohillariga surgun qilinadi.

Taqdir taqozosiga koʻra, u sarmatlar istiqomat qiladigan yurtga borib qoladi. U paytlari sarmatlar rim legionlariga dushman edi. Ovidiy sahroyi xalqning tilini, urf-odatlarini puxta oʻrganadi va ular toʻgʻrisida bir nechta asar yozadi. «Musibatnoma», «Pontadan maktublar» kitoblari uchun sarmatlarning yoʻlboshchisi uni eng oliy mukofot bilan taqdirlaydi va boʻyniga gulchambar taqib qoʻyadi. Sarmatlar orasida qancha yashamasin, ulardan qancha mehr-oqibat koʻrmasin, lekin shoirning qalbi otayurti tomon talpinaveradi. Sogʻinch yurak-bagʻrini ezib yuboradi. Uning Rim imperatoriga gunohlarini kechirib, Vatanga qaytishi uchun ruxsat berilishini soʻrab yozgan maktublari saqlanib qolgan. Afsuski, shoirning iltimoslari oqibatsiz qoldiriladi: u sarmatlar orasida keksayib, shu yerda vafot etadi. Gʻarbdan xushxabar keltirayotgan oppoq toʻlqinlarni koʻrish unga nasib etmaydi.

Aytmatov. Endi asosiy mavzuga qaytaylik. Saklar davriga aloqador ayrim yodgorliklar, suvratlar, tosh-bitiklar bizgacha yetib kelgan. Hatto shumerlar madaniyati, ularning adabiyoti va imlosi ham bizga begona emas.

Moʻgʻilistonning Suji-dovon degan joyidan topilgan Urxun-Yenisoy bitiktoshidagi quyidagi soʻzlarga e’tibor beraylik: «Men Yogʻlaxarxon otaman. Uygʻur yurtiga kelgan insonman. Men qirgʻizman. Men buyuk xoqonman. Men baxtiyor Bobotarxonning Ogya buyruqlarini bajaraman...» Yoki boʻlmasam, Talas daryo yoqasidan topilgan yodgorlik-yozuvni oʻqib koʻraylik: «Agar rost gapni aytadigan boʻlsak, oʻttiz qoravul uning doʻstlari edi. Juda yosh edilar. Maymun yilida oʻn yoshga toʻldim. Mening ismim qora Chur. Ayritosh-Oy oʻlkasida: «Uning ismi Chur. Sizning oʻttiz nafar askaringiz bor. Ular tinch-totuv va farovon hayot kechirish uchun bizdan ayrildilar. Erlarni ular kuzatib qoldilar. Chun eng keyin ularning izidan ketdi. Ularning xotinlari beva boʻlib qoldilar», deb bitiktoshga oʻyib yozilgan». Solnomaga yoki shajaraga oʻxshaydigan yodgorlikda shunday yozuvlar bor ekan.

Toshlarga oʻyib yozilgan qadimiy yodgorliklar, afsuski, vaqt oʻtishi bilan oʻchib ketgan yoki koʻp joylarda yoʻqotib yuborilgan. Bizga oʻsha ma’lumotlarning oʻndan bir, balki yuzdan bir qismi yetib kelgan, xolos. Shunisiga ham shukr qilishimiz kerak.

Shoxonov. Kultegin va Toʻnyuquq faoliyatiga tegishli qadimiy turk yozuvlari ham turklar hayotining katta bir boʻlagi, ularning tarixi, ular bepoyon kengliklarda koʻchmanchi boʻlib yurgan davrlar toʻgʻrisida hikoya qiladi.

Umuman, qonuniy savol tugʻiladi, xoʻsh, Toʻnyuquq aynan oʻz xalqi uchun, odamlar uchun nimalar qildi? Uning xohish-irodasiga koʻra otlarini egarlagan yoki koʻch-koʻronini tuyalarga ortib, orqasidan ergashib yurgan odamlarga nima karomat koʻrsatdi?

Aytmatov. Meni kechirasan-u, lekin Toʻnyuquqning ismi masalasida shaxsiy fikr-mulohazalarimni bildirib qoʻymoqchiman. Birdan faraz qildim. Nazarimda, uning ismi aslida «Tunkukuk» boʻlgan. Ya’ni, «Tun — oqshom, kukuk — kakku, boyoʻgʻli». Demak, «tunda sayraydigan «boyqush».

Shoxonov. Balki shundaydir. Hartugul, chakki emas. Lekin, olimlarning e’tirof etishicha, Toʻnyuquq degani «bilimdon» degan ma’noni anglatadi. Hozircha bu masalani oʻz holida qoldiramiz.

Toʻnyuquq taxminan, 646 yili tugʻilgan va milodning 731 yilida vafot etgan. U jamiki turklarning yoʻlboshchisi boʻlgan. U qogʻoonlarning (qogʻon ham xon kabi) oʻqituvchisi, ustozi boʻladi. Elterish qogʻoon, Bilgi qogʻoon, Qopogʻon qogʻoon, shuningdek, sarkarda Kulteginlar bevosita Toʻnyuquq tomonidan tarbiyalanadilar. Unga oʻxshagan xalq himoyachisi, hozirgi zamon iborasi bilan aytganda, vatanparvar juda kamdan-kam topiladi. U toshbitikka xalq taqdirini, tarixini, gʻam-gʻussalarini va quvonchlarini oʻydirib yozdirgan. «Bilga Toʻnyuquq men oʻzim Tabgʻach davlatida tarbiyalandim. Turk xalqi Tabgʻachga qarar edi», deb yozadi oʻzining tarjimai holida. Oʻsha paytlari xitoylarni tabgʻachlar derdilar. Ba’zi bir ma’lumotlarga qaraganda, Toʻnyuquqning ota-bobolari Qora Irtish boʻylarida yashaganlar va qarluqlar qabilasidan tarqalganlar. Yana tosh-bitiklarda qayd qilingan tarixiy ma’lumotlarga murojaat etamiz: «Men bilga Toʻnyuquq Oltin yishni oshib keldik. Ertish daryosini kechib keldik. Jangchilarning kelgani qahramon, deganlar. Dushman sezmadi. Tangri, umay (qadimiy turklarning onalik belgisiga ega boʻlgan xudosi: izoh bizniki — tarj.), muqaddas yer-suv — vatan dushmanni bosib bergan koʻrinadi. Nega chekinamiz, koʻp deb nega qoʻrqamiz, oʻzimizni oz deb nega qoʻrqamiz? Qani, ustun kelaylik, hujum qilaylik, dedim. Hujum qildik, tor-mor qildik. Ikkinchi kun keldi, yongʻinday qizib keldi. Tangri madad bergani uchun, koʻp deb biz qoʻrqmadik, jang qildik. Tardush shadi aralashdi. Tor-mor qildik. Xoqoni, yabgʻusi, shadi oʻsha yerda oʻldirildi. Elliktacha yigit asir olindi va oʻsha kechasiyoq oʻz xalqiga qaytarib yuborildi. U gapni eshitib oʻn oʻq beglari, xalqi, hammasi keldi, bosh egdi». Bu ma’lumotlardan ravshan boʻlyaptiki, turklar tabgʻachlarning yolgon siyosatiga ishonib yovlashgan oddiy xalq vakillarini oʻldirmaydilar, ularni oʻz yurtiga qaytarib yuboradilar. Lekin, fisq-fasod qoʻzgʻaydigan yoʻlboshchilar qatl etiladi.

Aytmatov. Juda katta tarixiy ahamiyatga molik boʻlgan bu noyob hujjatlar necha asrlardan beri tadqiqotchilar nigohiga muntazir edi!

«Tangri madadkor boʻlsin! Bu turk xalqiga qurolli dushmanni ham, yalovli otliqni ham yaqinlashtirmadim. Eltarish xoqon muvaffaqiyat qozonmasa, unga ergashib oʻzim zafar qozonmasam, davlat ham, xalq ham yoʻq boʻlib ketar edi. Muvaffaqiyat qozonganimiz uchun davlat ham davlat boʻldi, xalq ham xalq boʻldi. Oʻzim chol boʻldim... Turk Bilga xoqon davlatida bu bitikni bitdim».

Xalqqa qarata aytilgan vasiyatlar bitikdoshlarda muhrlanib qolgan. Bular turkiy xalqlarning unutilgan oʻtmishidagi yorqin sahifalardir.

Shoxonov. Bahodir bobomiz Kulteginga bagʻishlangan bitiktoshni tom ma’noda qahramonlik dostoni deb atash mumkin. Turk xalqining tuprogʻini yovlardan mardonavor himoya qilgan ul mukarram zot hayotlik paytida «Koʻk qilich» laqabini olgan edi. Uning oʻlimini eshitib faqat doʻstlari emas, hatto dushmanlari ham juda qattiq musibat chekadilar. Yoʻllugʻ tegin birodarining jasoratga toʻla hayotini bunday tasvirlaydi: «Inim Kultegin vafot etdi. Oʻzim alam chekdim. Koʻrar koʻzim koʻrmayotgandek, bilar aqlim bilmayotgandek darajada es-hushimni yoʻqotdim. Dunyoni Tangri yaratgan. Inson bolasi borki, hammasini oʻladigan qilib yaratgan. Shunchalik alam tortdimki, koʻzga yosh kelganda, koʻngulga yigʻi kelganda qayta-qayta qaygʻurdim. Ikki shad — keyingi inim va jiyanimning, bolam va beklarimning, xalqimning ahvoli yomon boʻladi deb oʻyladim. Azaga Qitan, Tatabi, Udar oʻz xalqini boshlab keldilar. Tabgʻach xoqoni nomidan Isiy Likang keldi. Bir tuman ipak, oltin, kumush keltirdi. Tibet xoqoni nomidan Boʻlun keldi. Kunbotardan Sugʻd, Barchakar, Buqaraq ulus nomidan Nang sangun, Oʻgʻul tarxon keldilar. Oʻn oʻq oʻgʻlimdan — Turgash xoqonidan Maqarach tamgʻachi, Oʻgʻuz Bilga tamgʻachi keldilar. Qirgʻiz xoqonidan Tardush Inanchu choʻr keldi. Bino yasovchi, naqshinkor bitiktosh yasovchi Tabgʻach xoqonining chiqani Chang Sangun keldi. Kultegin qoʻy yilida, oʻn yettinchi kuni oʻldi. Toʻqqizinchi oyning yigirma yettisida azasini oʻtkazdik. Binosini, naqshini, bitiktoshni Maymun yilida, yettinchi oyning yigirma yettisida butunlay tamomladik. Kultegin qirq yetti yoshida vafot etdi. Muncha naqshni Tuygun Eltabar keltirdi». Bitiktoshda mana shunday soʻzlar yozilgan.

Aytmatov. Kultegin bitiktoshi bilan Talasdan topilgan qadimiy yozuv oʻrtasida birtalay oʻxshashlik bor. Hatto bayon qilish usuli ham bir xil.

Shoxonov. Chike, Siz bilan ushbu suhbatga tayyorgarlik kurish jarayonida qadimiy, antik davri, oʻrta asrlar tarixini sinchiklab koʻzdan kechirib chiqdim. Oʻz oldimga juda murakkab vazifalarni qoʻydim: turkiy tillarda soʻzlashadigan oʻzbeklar va uygʻurlar, qozoqlar va qirgʻizlar, turkmanlar va qoraqalpoqlar, tatarlar va boshqirdlar, noʻgʻoylar va chuvashlar, xakaslar va yoqutlar, ozarboyjonlar va usmonli turklar, qorachoylar va bulgʻorlar, qoʻngʻirotlar va qipchoqlar, qarluqlar va laqaylar, doʻrmonlar va mangʻitlar kabi xalqlar qachon, qaysi asrlarda oʻzlarining mustaqil davlatlarini tashkil etishib, bir-birlaridan ajralib ketganlar? Bitta buyuk daraxtning shox-shabbalariga oʻxshagan bu xalqlar tarix sahnasiga har xil vaqtlarda, har xil yoʻllar bilan chiqib kelganlar. Boz ustiga, nomlari ham turlicha boʻlgan.

Antik davrda yashagan mualliflarning kitoblarida, qadimiy yunonlar qoldirgan ma’lumotlarda koʻrsatilishicha, saklarning oʻzlari ham massagetlar, yaksartlar, dayov, dahov, faratov, qumorlar, askagetlar, issedonlar, assiriylar, arimaslar, sarmatlar, hazorlar kabi elatlarga boʻlingan ekan. Ularning yaylovlari ham, yashash joylari ham aniq boʻlgan.

Aytmatov. Dastlab sanab koʻrsatilgan turkiy xalqlar antik davrlarda yashagan va ana shu zaminda hukmron boʻlgan qadimiy xalqlarning merosxoʻrlari boʻlganlar. Bu masalada sening fikrlaringga toʻla qoʻshilaman. Tarixiy hujjatlar ham boyagi gaplarni bot-bot tasdiqlaydi. Xunlar, skiflar, saklar bekorga jahon tarixidan munosib oʻrin olmaganlar. Agar qadim zamonlarda oʻtgan xonlar, botirlar jasorati toʻgʻrisida gapira boshlasak, goʻyo oʻzimizni oʻzimiz maqtayotgandek, boshqalarni esa yerga urayotgandek tuyulishi mumkin. Shunday boʻlsa-da, bir-ikki tarixiy haqiqatni eslatib oʻtsak zarar qilmas. Hammamiz yaxshi bilamizki, eramizdan avvalgi VI asrda sak-massagetlarning Toʻmaris ismli qirolichasi boʻlgan. U jasur ayol edi. Toʻmaris toʻgʻrisida koʻp ma’lumotlar bor.

Qirolicha Toʻmaris sak qabilalarini birlashtirib, markazlashgan davlat barpo etadi. Assuriya, Midiya kabi qoʻshni mamlakatlar bilan yaqin aloqa oʻrnatadilar. Mashhur Eron shohi Kir II uzoq vaqt mobaynida saklar bilan doʻstona munosabatda boʻladi, hatto harbiy ittifoq tuzadi. Keyinchalik nihoyatda boyib, koʻziga qon toʻlgan Kir eski doʻstlik haqqi-hurmatini unutib, hozirgi Markaziy Osiyo hududiga qoʻshin tortib keladi. Bu yerlarda sak-massagetlar istiqomat qilardilar. Qonli toʻqnashuvlardan soʻng eroniylar qaqshatgich magʻlubiyatga uchraydi, Kirning oʻzi jang maydonida oʻldiriladi. Oʻsha urush tafsilotlari haqida yunon muarrixi Gerodot bunday deb yozadi: «Ayol — massagetlarning qirolichasi Toʻmaris jangda eroniylar ustidan gʻalabaga erishgach, Kirning boshini kesib olib uni qon toʻldirilgan meshga tiqadi va: «Sen umr boʻyi qon ichib toʻymading! Mana, endi toʻyguningcha ichgin!» deydi. Keyin oʻsha meshning ogʻzini bogʻlab daryoga otib yuboradi».

Saklar azal-azaldan bobolarining arvohlariga sigʻinganlar. Bundan tashqari, sayyoralarga, Quyoshga, Oyga, yulduzlarga ham sajda qilganlar. Oʻtroqlashib, dehqonchilik bilan mashgʻul boʻlgan saklar esa Osmon Tangrisiga sigʻinadilar, uni ilohiylashtiradilar; urush xudosiga ham ishonganlar, yerga nayza yoki qilichni sanchib qoʻyishib, uning ustidan qon yoki sut quyib sugʻorganlar. Ular vafot etgan podsholarini, jangda halok boʻlgan jasur askarlarni izzat-ikrom bilan dafn etganlar. Marhumga qoʻshib idish-tovoqlarni ham dafn etganlar. Narigi dunyoda idish-tovoq kerak boʻladi deb ishonganlar. Qabr ustini baland tepalik qilib koʻtarganlar yoki qoʻrgʻon qurganlar. Atrofga tuproq tortganlar, tosh bilan oʻrab qoʻyganlar.

Shoxonov. Q.Aqishev rahbarlik qilgan qadimshunoslar guruhi Issiq qoʻrgʻonda qazilma ishlarini oʻtkazgan paytlarida u yerdan saklarning podshosi — «oltin odam» dafn etilgan mozorni topdilar. Bu kashfiyot dunyo qadimshunoslari oʻrtasida juda katta shov-shuvlarga sabab boʻldi. Oʻsha qabrda 17-18 yashar sak jangchisi boshini gʻarbga qaratib, chalqancha yotgan ekan. Uning boshida 65-70 sm. balandlikdagi telpak bor boʻlib, hoshiyasiga zar ip bilan yirtqich hayvonlaru togʻlaru daraxtlarning tasviri tushirilgan edi. Ajoyib bosh kiyimning old tarafiga bir juft tillo qanoti boʻlgan ot timsoli tushirilgan. Otning echkiniki kabi shoxlari boʻlib, yelkasidan toʻrtta tillo oʻq chiqib turardi. Marhumning boʻyida tillo halqa, halqaning chetlariga barsning boshlari muhrlangan edi. «Oltin odam»ning egnida qip-qizil charm chakmon; chakmonga uch mingga yaqin tillodan qadama bezak qadalgan. Belida enlik charm tasma; tasmaga ham tillo bezaklar qadalgan. Oʻng tarafida uzun temir qilich, soʻl tarafida tillodan bezak berilgan temir xanjar. Qabrdan oʻttizdan ortiq idish-tovoq topiladi. Ular orasida tubiga ikki qator qadimiy yozuv bitilgan kumush kosa ham boʻladi. Bu bitikni «Issiq yozuvi» deb nomladilar. Olimlar yozuvning magʻzini chaqa olmadilar, lekin uning bundan 2300-2500 yil muqaddam oʻtgan saklarning yozuvi ekanini tasdiqdadilar. Qadimiy bobolarimiz oʻz imlosiga ega boʻlganlar.

Hozir oʻsha «oltin odam» koʻplab tarixiy-etnografik koʻrgazmalarda ishtirok etyapti; saklar davrining yorqin madaniy yodgorligi sifatida guvohlik beryapti. Butun dunyo olimlari bu moʻ’jizani koʻrib hayratlanyaptilar. Biz tushuntirib berilmagan haqiqatni «oltin odam» el-ulusga tushuntiryapti. U bizning qadamimiz yetmaydigan olis oʻlkalarga safar qilayotir.

Har bir xalqning qadimiy davrlardan qolgan noyob yodgorligi boʻladi. Bebaho yodgorlik. Biz betimsol xazinamizni, afsonaviy oʻtmishdan darak berib turgan yodgorliklarimizni xoh u olamdagi yetti moʻ’jizadan biri boʻladimi, xoh antik ustaning qoʻli tekkan dagʻalgina temir igna boʻladimi, baribir koʻz qorachigʻiday asrashimiz kerak. Faqat shu bugungi kunlar bilan ham, faqat kelajakni koʻzlab ham yashab boʻlmaydi. Toʻgʻri, bugungi kunimiz ham gʻamxoʻrlikka muhtoj, lekin oʻtmish koʻproq gʻamxoʻrlik talab qiladi. Oʻtmishni anglash darkor. Oʻtmishni oʻrganishni, oʻtmishga munosabatni yuksak darajaga koʻtarmoq lozim. Qadimiy tariximizdan guvohlik beradigan arxivlar har bir xalqning milliy boyligi, merosi hisoblanadi. Boshqa mamlakatlarda tarix qanday saqlanayotganini, har bir tarixiy ikir-chikirga ham qanchalik ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlayotganlarini koʻrib ba’zan kishining xoʻrligi keladi: biz oʻz tariximizning qadriga qachon yetamiz?!

Qadimiy zamonlarda el-elatlar, millat va xalqlar oʻrtasidagi farqni ajratib boʻlmaydigan davrlar ham boʻlgan. «Buyuk joʻgʻrofiy kashfiyotlar davri» boʻlmish oʻrta asrlarda madaniyat, san’at, ilm-fan tezkorlik bilan rivojlandi. Oʻrta asrlar ham, Uygʻonish davri ham chinakamiga «oltin asr» boʻlgandi. Aynan qadim zamonlarda ajoyib shaharlar bunyod etildi, pul muomalaga kiritildi, imlo paydo boʻldi, olamning yetti moʻ’jizasi ham oʻsha paytlarda yaratiladi. Olamni halokatdan, vayronagarchilikdan saqlab qoladigan goʻzallik xuddi oʻsha paytlarda qudratini koʻrsatadi.

Oʻrta asrlarda mamlakatlarni, xalqlarni boshqargan yoʻlboshchilar qadim zamonlarda muayyan xalqning inon-ixtiyoriga berib qoʻyilgan yer-mulkni qayta taqsimlashga, chegaralarni qayta qurishga kirishadilar. Natijada muvozanat buziladi. Asrlar mobaynida asta-sekin shakllangan turmush tarzi, tartib-qoidalar, mamlakat hayoti izdan chiqib ketadi. Zil-zambil dubulgʻayu kalta nayzalar oʻrnini oʻq va toʻp otadigan zambaraklar egallaydi. Yangi qurol-aslahalar uzoq davom etadigan qonli urushlarning asosiy sababchisi boʻladi.

Aytmatov. Gullab-yashnagan farovon zamonlarda bir-biri bilan chegaradosh boʻlgan mamlakatlar urush yilla-rida ham, boshlariga ogʻir musibat tushgan paytlarda ham doim birga boʻladilar, bir-birlariga yordam beradilar. Masalan, qaysi asrni olib koʻrmaylik ruslar, ukrainlar, beloruslar mudom birga boʻlganlar. Xuddi shuningdek, eramizdan avval ham, eramizning boshlarida ham birga yashagan turkiy xalqlar tarix sahifalarida goh Usunlar davlati, goh Davlat qogʻoonoti, goh Qanglilar qogʻoonoti, goh Turklar qogʻoonoti, goh Dashti Qipchoq davlati, goh Oʻgʻuzlar davlati deb atalgan boʻlsa-da, ammo hammasi doimo urugʻ-aymoqlarni birlashtirishga intilganlar. Seniki-meniki deb, sen oʻzimizniki, sen begona deb ayirmachilik qilmaydilar.

Shoxonov. Toʻppa-toʻgʻri! Oʻrta asrlarda qirqdan ortiq turk urugʻlari mavjud edi. Lekin, faqat tatarlar, qoraqalpoqlar, yoqutlar, turkmanlar, boshqirdlar, uygʻurlar, chuvashlar, xakaslar, tuvalar oʻzlarining muxtor davlatlarini tuzadilar, xolos. Boshqalar esa oʻzbek, qirgʻiz, qozoq xalqlari tarkibida boʻladilar.

Eron shohi Oʻgʻuzlar davlatini parchalab yuborgach, koʻpsonli xalq yashash joyiga, urf-odatiga, qarindosh-urugʻchiligiga qarab toʻqqiz elatga boʻlinib ketadi. Agar ular nomma-nom sanalsa, qiziq holat vujudga keladi. Afgʻon oʻz xonligini barpo etadi. Saklarning oʻn ikki urugʻi oʻz holicha ajrab chiqadilar. Qoʻngʻirotlarning oʻn ikki urugʻi ham, toyshiqlaru mangʻitlaru qatagʻonu xitoylarning (turk urugʻining nomi shunday) ham oʻn ikki urugʻi birlashib oʻzicha xonlik tuzadilar. Qipchoqlar, jadigarlar, qalshamlar esa Sariarqda koʻchmanchilik bilan mashgʻul boʻladilar. Qozoqlar, qirgʻizlar, quramalar, mangʻitlar, qoraqalpoqlar esa har biri oʻz holicha yurardi: har birining oʻz uyi, oʻz oʻchogʻi bor edi. Edil (Volga) boʻylarida, Yoyiqda (Oʻrol) koʻchmanchi boʻlib yurgan noʻgʻoniylarning oʻn urugʻi birlashib, Edil boʻyidagi Saroy shahrini poytaxt tutadilar. Saljuqlar bilan uygʻurlar ham oʻzlarining xonligini bunyodga keltiradilar. Oltoyga ketgan naymanlar esa naymaniylar sulolasiga asos soladilar. Ularning oʻziga xos tarixi, oʻz davlati bor.

Aytmatov. Agar shajaraga asoslanadigan boʻlsak, mashhur Qoraxondan Oʻgʻuzxon chiqib kelgan. Oʻgʻuzxon oʻgʻli Togʻinxondan qozoqlar, qirgʻizlar, turkmanlar, quramalar, mangʻitlar tarqaladi.

Shoxonov. Agar kalavaning uchini yoʻqotmasdan chuvalashtirishda davom etsak, yuqorida nomlari zikr etilgan xalqlarning uluslarga, xonliklarga boʻlinganini koʻramiz: Noʻgʻoy ulusi, Mangʻit ulusi, tatar xonligi, qozoq xonligi. Oʻzbek ulusi esa toʻqson ikki urugʻdan iborat boʻlgan.

Masalan, Oʻrta Osiyoda istiqomat qiladigan va Oʻzbekiston atrofiga birlashgan xalqning koʻp asrlik tarixi bor. Bu xalq oʻzini oʻzbeklar deb ataydi; uzoq davom etgan mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtgach, yuksak taraqqiyot choʻqqisiga koʻtariladi. Oʻrta asrlarda Shayboniylar oʻz qarorgohini oʻrnatgan yurt koʻplab bosqinchilarning qonli yurishlariga guvoh boʻlgan. Bu muborak yurt gʻalaba nashidasini ham suradi, magʻlubiyat alamini ham tortadi. Lekin doimo birlikni asrab qoladi; boshqa koʻpgina xalqlarning uygʻonishiga, taraqqiyotiga asos yaratib beradi. Bu yurtning har bir qarichi oʻziga xos gʻaroyib tarixga ega.

Dunyoga mehnatkash dehqonlari bilan tanilgan oʻzbeklar nihoyatda qudratli xalq, uning Alisher Navoiy kabi daho shoirlari, Mirzo Ulugʻbek kabi daho olimlari insoniyat madaniyatiga munosib ulush qoʻshganlar.

Unga qoʻshni boʻlgan qozoqlar va qirgʻizlar oʻzbeklarning tarixini, madaniyatini, milliy oʻziga xosligini hurmat qiladilar. Oʻzbek xalqi maxsus Qoʻlyozmalar instituti tashkil etib, qadimiy yilnomalarni, shajaralarni asrab qoldi. Uzoqni koʻzlagan xalq yetuklik namunasini koʻrsatdi. Oʻsha muassasa binosida jamiki turkiy xalqlarning qadimiy yilnomalari, tarixiga oid hujjatlar, ilmiy asarlar va boshqa muhim manbalar saqlanadi. Oʻtmishga hurmat-e’tibor, hozirgi kunlarga shukronalik, kelajakka kafolot xuddi shunday boʻlishi kerak.

Biz suhbatimiz davomida ilgari kamdan-kam hollarda tilga olinadigan koʻplab aziz zotlarning nomlarini tilga oldik. Bular oʻz tuprogʻini, oʻz mamlakatini xunlar davridan buyon yovdan himoya qilib kelayotgan xonlar, beklar, sarkardalardir, ma’rifatparvarlardir. Ularning nomlarini unutmaslik kerak. Agar ularning ruhi barhayot boʻlsa, har birimiz oʻz imkoniyatlarimiz darajasida xalqimiz tarixiga nimadir qoʻshish uchun, bobolarimizga, tariximizga nisbatan shu paytgacha yoʻl qoʻyib kelingan adolatsizlikka barham berish uchun harakat qilayotganimizni koʻrib turibdilar.

Bizning tarixchi olimlarimiz burunlaridan narini koʻrmaydilar. Ular qozoq xalqi 1456 yilda paydo boʻlgan deb turib oladilar, undan naridagi tarixga nazar tashlashni negadir istamaydilar. Goʻyo qozoqlar oydan tap etib tushgandek! Vaholanki, qadim zamonlarda goh birlashib, goh ma’lum sabablarga koʻra ajrashib yurganlar. Muayyan uyushmalarga birlashganlar, soʻng yana ajrashganlar. Toki ikkita buyuk saltanat paydo boʻlguncha beqarorlik davom etavergan. Eng achinarli joyi shundaki, koʻpchilik tarixchi olimlar oʻtmishga bugungi kishi koʻzi bilan qaraydilar, tarixiy voqealarga bugungi kun nuqtai nazaridan baho beradilar. Biz bunday tushunchayu dunyoqarash bilan uzoqqa bormaymiz.

Aytmatov. Fransuzlarning eski qomusida quyidagi jumlalarga duch kelamiz: «Xunlar tarkibiga, xunlar oʻrdasiga koʻplab koʻchmanchi urugʻlar, qabilalar kiradi. Xunlarning gullab-yashnagan, taraqqiyot choʻqqisiga erishgan davri ularga Attila yoʻlboshchilik qilgan paytlarga toʻgʻri keladi. Oʻsha paytlarda ular insoniyat istiqomat qiladigan dunyoning yarmini egallagan edilar». Attila — xunlarning yoʻlboshchisi, u eramizning V asrida yashagan. Uning asil ismi Odil botir Mundzuk oʻgʻlidir. Xunlarning oʻrdasi Hazor (Kaspiy) dengizining shimoliy sohillarida barpo etiladi. Oʻsha zamonlari Qozogʻiston va Oʻrta Osiyoda yashagan uysunlar, qanglilar, doylar, alanlar kabi koʻchmanchi qabilalar, urugʻlar ham oʻrda tarkibiga kirardi. Bu haqda A.N. Bernshtam: «Oʻrta Osiyodagi xunlar ittifoqi shu hududdagi urugʻ-aymoqlarny birlashtiradi va qirgʻiz-lar, qozoqlar, turkmanlar kabi elatlarning millat boʻlib shakllanishiga puxta zamin hozirlaydi. Bu jihatdan oʻrda juda muhim ijobiy vazifani ado etadi», deb yozadi. Fransuz tarixchisi O.T’erri oʻzining oʻsha davr voqealariga bagʻishlangan asarida: «Insoniyat tarixida Attilaning nomi Iskandar Zulqarnayn, Yuliy Sezar nomlari bilan bir qatorda turadi», deb e’tirof etadi. Odil botir oʻzining jasorati va sarkardalik iqtidori bilan butun Yevropada dong taratadi. Hayotlik paytidayoq u haqda koʻplab qoʻshiqlar, qasidalar yaratiladi.

Shoxonov. Mutlaqo toʻgʻri. Afsuski, Qozogʻistonda yozuvchi Tursun Jurtboyev bilan yosh olim Samat Oʻtaniyozovning tadqiqot-maqolalaridan boshqa Attila — Odil toʻgʻrisida yozilgan birorta ilmiy asarni oʻqiganim yoʻq. Odil botirning hayotiga oid ma’lumotlar, jasoratiga doir e’tiroflar Rim diplomati Prisk Paniyskiy va qadimgi olmon tarixchisi Iordan asarlari orqali bizgacha yetib kelgan. Ularning ilm-fan uchun bebaho boʻlgan ma’lumotlarini A.N. Bernshtam, L.N. Gumilyov kabi ulugʻ olimlar maxsus tadqiq qilganlar. Hatto Karl Marks bilan F.Engelsning asarlarida ham Attilaning nomi uchraydi. K.Marks: «Attila oʻzining xunlari bilan italyanlarga kamsuqum farishta boʻlib koʻrinishini ayrim kishilar juda yaxshi tushunadilar», deb yozadi va Napoleonni Attila bilan taqqoslaydi.

448 yili Prisk Xunlarning Oʻrdasiga borib, shaxsan Attila bilan uchrashadi. Xunlar dohiysining tashqi qiyofasini shunday tasvirlaydi: «Uni kimki koʻrgan boʻlsa, darhol bu haqiqiy osiyolik deb ataydi. Kallasi katta, oʻrta boʻyli, baquvvat. Koʻzlari qisiqroq, nigohlari oʻtkir, xuddi qarayotgan joyini teshib yuborgudek boʻladi. Ishonch bilan qadam tashlaydi, ildam. Tovushi qoʻngʻiroqday, xuddi kumush tanga jarangiga oʻxshaydi. Ovozi quloqqa nihoyatda yoqimli eshitiladi».

Aytmatov. Bu birinchidan. Ikkinchidan esa, Attila rimliklar huzuriga joʻnatgan elchini ular sotib olmoqchi boʻladilar; oʻrdaga borib, podshoni oʻldirsang bir dunyo tillo beramiz, deb va’da qiladilar. Rimning oʻsha paytdagi imperatori Feodosiy II bilan yepiskop Xristofi shunday iflos ishga bosh boʻladilar.

Ikki buyuk saltanat bitta dunyoga sigʻmasligiga ishonch hosil qilgan Attila oʻzining Oltin yolli otiga minib, safarga joʻnaydi. Dunay, Reyn, Nekkaro daryolarining sohillarida yashaydigan va Rim imperiyasining zulmi ostida ezilib yotgan xalqlar ozod qilinadi. Ular Attilaning qaramogʻiga oʻtadilar. Hatto shu darajaga boradiki, olmonlarning frank qabilasi Attilaning qoʻl ostiga oʻtish uchun oʻz qirolini oʻldiradi. Aftidan, qirol hokimiyatni xunlarga topshirishni istamaydi, shekilli. Turinlar, burgundlar qabilasi oʻz ixtiyori bilan xunlarga boʻysunadilar. Ilgari hech qachon ittifoq boʻlmagan, doimo bir-birlari bilan urushib kelgan xalqlar, qirollar Rim imperiyasiga qarshi kurashish uchun xunlar bayrogʻi ostida birlashadilar. Bu holat Attila oqil sarkarda va uzoqni koʻradigan siyosatchi ekanidan guvohlik beradi.

Shoxonov. 451 yilda Attila Men shahrini zabt etadi. Oradan birmuncha vaqt oʻtgach, Parij yaqinidagi Katalaun maydonida Rim imperiyasi qoʻshinlariga qarshi jang boʻladi. Bu qonli toʻqnashuvda har ikki tomondan hammasi boʻlib bir yuzu oltmish besh ming kishi oʻladi. Prisk oʻsha jangni oʻz koʻzlari bilan koʻrgan. «Bir hafta mobaynida qalin tuman boʻlib turdi. Atrofdagi biror narsani koʻrib boʻlmasdi. Irmoqlar, jilgʻalar, jarliklar qonga toʻldi, oʻzanlardan toʻlib-toshib qonlar oqdi. Osmonda oʻlaksaxoʻr qushlar shu qadar kupayib ketdiki, ularga qarashning oʻzi dahshat edi», deb yozadi u jang tafsilotlari toʻgʻrisida.

Aytmatov. Katalaun jangidan soʻng ikki yil oʻtgach, Attila Burgundiya qirolining singlisi boʻlmish goʻzal Ildionaga uylanmoqchi boʻladi. Toʻyga tayyorgarlik boshlanadi. Zabt etilgan butun dunyo ham toʻy kunini intizorlik bilan kutardi. Biroq, aynan toʻy kuni xunlarning yoʻlboshchisi sirli ravishda halok boʻladi. Attila bayrogʻi ostida butun Osiyo va Yevropani zabt etgan turklarning qirq urugʻi juda qattiq musibat chekadi. Afsuski, toʻy kuni oʻlgan dahoning jumbogʻi hozirgacha yechilmadi.

Qadimdagi tarixiy yilnomalarda qayd qilinishicha, Attila uchta xotinidan yetti nafar oʻgʻil koʻradi. Ularning ismi Ellak, Dengizak, Yernak, Yemnazar, Ota, Yoshqolma, Uzuntoʻra. Edil va Yoyiq sohillaridagi bepoyon oʻlkalarga Ellak hukmdor boʻladi. Keyinchalik mana shu oʻlkada Turk xoqonligi barpo etiladi. Undan keyin Hazor davlati vujudga keladi.

Shoxonov. Yevropa xalqdari Attilani hozirgacha buyuk dohiy va sarkarda sifatida eslab yurishadi. U haqda koʻplab afsonalar, ertaklar toʻqilgan. Shuningdek, badiiy asarlar, she’rlar, dostonlar, tarixiy romanlar yozilgan. «Oltin yolli otning tuyogʻi tushgan joyda maysa koʻkarmaydi», degan iborani goʻyo Attila aytganmish. Bu ham bir afsona.

Attila oʻn besh asr muqaddam yashagan edi. U ham oʻz davrining va oʻz xalqining farzandi boʻlgan. Qozoq xalqining ogʻzaki ijodida u haqda doston bor. Dostonning quyidagi misralari diqqatga sazovor:

Juda qadim-qadim zamonda,
U zabt etar yurtni kamonda.
Toʻda-toʻda gʻarblik elatni
qamchin bilan haydagani rost.
Turk budunning olamga mutlaq
xon boʻlishin oʻylagani rost.
Biroq, yozugʻ — beshafqat oʻlim
oramizdan Odil botirni
olib ketdi. Qutilmadi
u-da taqdirdan.

Axir, bizning tarixchi olimlarimiz, adabiyotshunoslarimiz qadimiy tariximizga doir boʻlgan mana shu dostonni oʻrgansalar boʻlmaydimi?!
Rim zabt etilgach, Attila oʻzining Oltin yolli otidan egar-jabduqni yechib oladi-da: «Endi men zabt etadigan mamlakat qolmadi. Hech kim mening xalqimga qarshi bosh koʻtara olmaydi. Men seni ozodlikka qoʻyib yuboraman. Aziz doʻstim, xohlagan tomonga qarab yuguraver!» deydiyu boʻshatib yuboradi. Afsonada aytilishicha, Oltin yolli ot osmonga uchib ketadi, Agar afsonaga ishonadigan boʻlsak, turk xalqi Attilaga oʻxshagan yana bitta farzand koʻrsa oʻsha ot qaytib kelarmish va oʻz sohibiga sidqidildan xizmat qilarmish.

Aytmatov. Men oʻsha afsonani sal boshqacharoq talqin qilgan boʻlardim: bizning tarixiy ongimizda uygʻonish roʻy bersa, oʻsha ot qaytib keladi. Hozircha afsonaviy Oltin yolli otni kutib yashaymiz. Biroq, haqqoniy tarix sahifalarida Attila oʻziga munosib oʻrinni egallashi lozim: adabiyotlarda uning hayoti toʻgʻri yoritilishi kerak, xalqimiz uning nomini ham, qilgan ishlarini ham anglasin. Attila ham, Qoʻrqut ota ham bizning umumiy merosimiz, xalqlarimizning milliy boyligidir.

Shoxonov. Toʻgʻri, Qoʻrqut ota toʻgʻrisida har bir turkiy xalqning oʻziga xos afsonasi bor. Bu borada uydirmaga hech qanday hojat yoʻq. Qoʻrqut ota siymosi, uning soʻzlari, musiqasi, iboralari, donishmandligi har birimiz uchun azizdir. U haqda ozariy shoir oʻqigan she’rni oʻz quloqlarim bilan eshitganman:

Qoʻrqut ota tugʻilar damda
sel-yomgʻirdan osmon qoraydi.
Yer yuzini toʻla qum bosdi,
tugʻish payti qoʻrqinch oʻradi,
u tugʻilgach, koʻngullar oʻsdi...

Xalq ogʻzida mana shunaqa gaplar yurar ekan.
— Qoʻrqut ota Sirdaryo sohilida, Qizil Oʻrda viloyatida, qozoq tuprogʻida tugʻilgan, — dedim men oʻsha shoirga.
— Toʻgʻri aytasan, qardosh! «Oʻgʻuznoma» bizning umumiy badiiy merosimizdir, Qoʻrqut ota esa hammamizning bobomiz boʻladi, — dedi qalamkash doʻstim.

«Oʻgʻuz-qipchoq zamonida yashagan Qoʻrqut ota Qorakoʻzning oʻgʻli erdi. Uning onasi Qipchoqning qizi erdi», deb yozadi Abulgʻoziy Bahodirxon oʻzining asarida. Soʻng shajarasini bayon qiladi. «Qoʻrqut tugʻiladigan kun qattiq shamol turdi, sharillab yomgʻir yogʻdi, chaqmoq chaqnadi, atrofni qorongʻulik qopladi, tuman tushdi», deb qayd qilinadi. Bu guvohnomani akademik Alkey Margʻilon ham tasdiqlaydi: «Qoʻrqutning onasi toʻlgʻoq azobida qiynalayotgan paytlari tabiatning oʻzi ham azob chekadi. Qoratogʻni qop-qora rutubat qoplaydi. Keyinchalik xalq oʻsha kunni «Qora osmon» deb eslab yuradi. Xalq vahimaga tushib qoladi va oʻsha kuni dunyoga kelgan goʻdakni Qoʻrqut deb nomlaydi», deb talqin qiladi Margʻilon.

«Qoʻrqut» — qoʻrqitmoq degan ma’noni anglatadi.

V. M. Jirmunskiy oʻz tadqiqotlarida yozishicha, Qoʻrqut ota benazir sozanda va shoir edi. Unga bas keladigani yoʻq edi. Ayrim ma’lumotlarda aytiladiki, Qoʻrqut ota Inalxon, Doyilxon, Koʻlerki, Tumanxon, Qonlikoʻzlar huzurida oʻng qoʻl vazir, maslahatchi lavozimlarida ishlagan ekan. Oʻzi ham mashhur siyosatdon boʻlgan.

Afsonalarda aytilishicha, Qoʻrqut ota goʻyo qozoqlarning milliy cholgʻu asbobi boʻlmish qoʻbizni oʻz qoʻllari bilan yasagan emish. Xalq Qoʻrqut otaga nisbatan beradigan koʻplab kuy-qoʻshiqlar bizgacha yetib kelgan. Xususan, «Arslonbobo», «Oqquv», «Kilem jaygan», «Ayupboy», «Jelmayan», «Yelimoy», «Targʻil tana» kabi kuylar shular jumlasidandir. Bu kuylar aynan qoʻbiz bilan ijro etiladi. Bundan tashqari, oʻsha kuylar asosida aytiladigan bir qator qoʻshiqlar ham bor.

Aytmatov. Qoʻrqut ota oʻzining tez chopadigan Jelmayan laqabli tuyasiga minib, oʻlimdan qutilib ketmoqchi boʻladi. Lekin qayoqqa bormasin, goʻrkovlar hozirlab qoʻygan oʻz mozoriga duch kelaveradi. «Qayoqqa bormaylik, Qoʻrqut ota mozoriga duch kelamiz», degan ibora oʻshandan qolgan.

Shoxonov. Shu munosabat bilan qiziq bir faraz toʻgʻrisida gapirib bermoqchiman. Qadimgi zamonlar mavzusida tarixchi Qoʻyshigʻar Solgʻarin toʻrtta kitob yozgan. «Koʻmma» nomli roman-essesida taxmin qiladiki, Qoʻrqut ota bilan Toʻnyuquq aslida bitta odam boʻlgan. Ular haqda xitoy solnomalarida ham eslatib oʻtilgan. Muallif oʻz taxminini asoslash uchun maxsus boʻlimda dalil keltiradi. Bunday dalil farazni ilgari hech kim olga surmagandi. Darhaqiqat, bu ikki buyuk koʻchmanchi insonning hayoti taqqoslab koʻrilsa, koʻp jihatdan oʻxshashligi ma’lum boʻladi. Ular xizmat qilgan xonlarning ismlari ham bir-biriga oʻxshaydi. Bolalarining soni ham, qiliqlari ham, hatto xonlar bilan qilgan munozaralarining shart-sharoiti ham uyqash. Ular oʻrtasidagi birdan-bir farq shundan iboratki, Qoʻrqut ota Sirdaryo sohilida, Toʻnyuquq esa Moʻgʻilistonda vafot etadilar. Lekin, ilmiy nuqtai nazardan bu holni ham tushuntirib berish mumkin. Aslida ham Qoʻrqut ota dafn qilingan bir nechta mozor bor. Axir, u hamma mozorda yotmagan boʻlsa kerak. Bu boʻlmagʻur gap. Xoʻsh, Qoʻrqut otaning haqiqiy qabri qayerda? Darbanddami? Turkiyadami? Yoki Sirdaryodami? Balki, Moʻgʻilistondadir?... Hozirgacha hech kim bu masala bilan jiddiy shugʻullangan emas.

Aytmatov. Boybarsning kotibi Muhiyiddin ibn Abu az-Zokir oʻzining «Sulton Boybarsning hayotnomasi» nomli kitobida: «U nihoyatda dono davlat rahbari edi. Toʻgʻri, ungacha ham, undan keyin ham yuz yildan ortiqroq davom etgan qoʻzgʻolon boʻladi. Lekin, Boybars hukmdorlik qilgan davrda Misr va Suriyada tartib oʻrnatiladi. Shaxsan uning oʻzi dehqonchilikka, savdo-sotiq erkinligiga alohida e’tibor bergani tufayli xalqning ahvoli tubdan yaxshilandi. U harbiy sohada ham buyuk zafar qozonadi. «Ulugʻ salib yurishi»ni Boybars toʻxtatib qoladi, xochparastlarni yakson qilib tashlaydi. U moʻgʻillar bosqinini daf etdi. Misrni bosqindan asrab qoldi. Lekin, moʻgʻillar Bogʻdodni xonavayron qildilar. Boybars esa ularning qoʻshinini tor-mor etib, haydab yubordi», deb yozadi. Muhiyiddin 1223—1292 yillarda yashagan.

Oʻn yasharlik paytida qul boʻlib qolgan bola ilgari arablar toʻgʻrisida hech qanday ma’lumotga ega boʻlmasa-da, ammo arablarning qudratli davlatlaridan biriga hukmdor boʻladi. Qanday qilib bunga erishadi? Jumboq mana shu yerda. Asosiy masala shunda!

Shoxonov. Hukmdor boʻlgandan keyin ham Boybars arab tilini bilmasdi. Qozogʻiston sovet qomusida yana bunday deyiladi: «Boybars umrining oxirigacha oʻzining ona tilida gapiradi. Misrlik arablar bilan ham yoki elchi sifatida boshqa mamlakatlardan kelgan arablar bilan ham tarjimon orqali gaplashardi».

Fransiya qiroli qoʻshiniga qarshi boʻlgan jangda Boybars ilk bor jasorat koʻrsatadi. U qora tanli jangchilar safini yorib chiqib olga tashlanadiyu gʻalabani ta’minlaydi. Keyin u qoravulboshi boʻladi. Saroyda ham, shaharda ham qattiq tartib-intizom oʻrnatadi. Barcha oʻgʻrilar, tovlamachilar hibsga olinadi; hatto hukmdorning ishonchini qozonib olgan Xuan ismli josus fosh qilinadi. Saroy ichidagi fitnalardan omon-eson oʻtib, bosh qoʻmondon etib tayinlanadi. U qullikdan ozod qilingach, qipchoq urugʻidan boʻlgan Tojbaxt ismli qizga uylanadi. Shu xotini Said va Ahmad ismli egizak oʻgʻil tugʻib beradi.

Taxtga oʻtirgach, Boybars oʻzining shaxsiy muhrini tayyorlatadi. Sulton sifatida ilk bora muhr bosgan birinchi maktubini Oltin Oʻrda xoni Berka nomiga yoʻllaydi. Bu maktub vatan sogʻinchi bilan sugʻorilgandi. Umrining oxirigacha sulton armonda oʻtib ketadi. Solnomachilar shunday deb yozib qoldirganlar.

Aytmatov. Boybars arablarning hukmdori boʻlgach, Kichik Osiyoni, Armanistonni, Barbaristonni oʻziga boʻysundiradi. Davlatiga xavf solib turgan franklarning bir nechta qoʻrgʻonlarini yakson qiladi. Bu yillar arab xalqining koʻtarilish davri boʻladi. U paytgacha arablar dushmanlari tomonidan xiyla kamsitilardi.

Shoxonov. Toʻgʻri. Boybarsning Berkaxonga joʻnatgan ilk maktubi 1261 yili egasiga yetib boradi. Keyinchalik mamluklar sultoni Oltin Oʻrdaga Vizantiya orqali oʻz elchilarini yuboradi.

Hayot paytidayoq afsonaga aylanib ketgan Boybars oʻzining vaziri Qalovun tomonidan zaharlanib oʻldiriladi. U tarvuz tilimiga zahar surtib qoʻygandi. Bu ayanchli hodisa 1277 yilda sodir boʻladi.

Aytmatov. Aftidan, bu yolgʻonchi dunyodagi barcha sa’y-harakatlar zoye ketajagini soʻnggi damlarida anglab yetgan Boybars oʻlimi oldidan: «Oʻzga yurtlarda sulton boʻlgandan koʻra, oʻz yurtingda ulton (nagʻal) boʻlganing afzal», deydi. Keyinchalik Boybarsning soʻzlari xalq oʻrtasida maqolga aylanib ketadi.

Shoxonov. Chike, koʻpchilik oʻz vaqtida shu yoʻlni bosib oʻtadi, Boybars taqdirini takrorlaydi: dushman bosqinidan qochib, oʻzga yurtlarga — Afrikaga, Arabistonga, Kichik Osiyoga, Yevropaga bosh olib ketadilar. Turkiy xalqlarning oʻsha oʻgʻlonlari goh qipchoqlar, goh mamluklar deb ataladi. Misr sultonining shaxsiy soqchilari boʻlgan mamluklar 1250 yilda qoʻzgʻolon koʻtaradilar va Oʻrta Osiyodan borgan Uboqni Misr taxtiga oʻtqazib qoʻyadilar.

Aytmatov. Mamluklar Misrni uzoq vaqt boshqaradilar. Ularning sulolasi faqat XIX asrning boshlarida Misrga Napoleon bostirib kirgandan soʻng barbod etiladi. Boylikka, hashamga berilib ketgan mamluk biylari dushmanga qarshilik koʻrsatishga ojizlik qiladilar — Napoleon Misrni ishgʻol etadi. Imperator Murod biyni nomiga sulton qilib tayinlaydi-yu, lekin Misrning haqiqiy hukmdori general Kleber boʻlib qoladi.

Bir-birini jinidan battar yomon koʻradigan mamlukar sultoni bilan fransuz generali oxir oqibat bir-birini mahv etib yuboradilar. Napoleon esa mamluklarning harbiy qobiliyatiga, jasoratiga qoyil qoladi va ulardan iborat maxsus gvardiya tuzadi. Bu gvardiya imperatorni qoʻriqlab yuradi. Shunday qilib, Napoleon qoʻshinida mamluk chavandozlarining eskadroni paydo boʻladi.

Shoxonov. Ilk bora chop etilgan vaqtida juda katta shov-shuvlarga sababchi bulgan «Az i Ya» nomli kitobida buyuk shoir Oʻljas Sulaymonov qiziq bir voqeani shunday bayon qiladi: «Eng oxirida ular qanchalik azob tortganini ham, korsikalikning tillo burgut ostidagi soʻnggi damlarini oʻzim koʻrganman.

Moskva yaqinidagi olmazorga qaytib borayotgandim. Setun tepaliklarida joylashgan Kunsevo bilan Filining chang koʻchalaridan oʻtib borardim. Setun kentining zerikarli kunlaridan birida koʻz koʻrib, quloq eshitmagan voqea sodir boʻldi. Bir zamonlar Napoleon Moskvaga oʻtgan yoʻldan sal narida yer kavlayotgan ishchilar qorayib ketgan uchta tobut topib oladilar-da nishablikka terib qoʻyadilar. Vaqt oʻtishi bilan qorayib, chiriy boshlagan tobutlarning qopqoqlarini ochadilar: Setun ahli xuddi miltiq quvuridek tik yotgan yap-yangi mundirli marhumlarni koʻradilar.

Qup-quruq qum marhumlar tanasini juda yaxshi saqlagandi, ularning ogʻizlaridan oppoq tishlari koʻrinib turardi. Marhum gvardiyachilarning tovonlari bir-birlaridan xiyol ajratilib, bosh barmoqlari bir-biriga tegib turardi. Xuddi safda ketayotgan odamlarning oyoqlariga oʻxshardi. Suvoriylarning etiklari ostidagi tepki sal bukib qoʻyilgan. Chamasi, tobut qopqogʻining yopilishiga xalaqit bergan koʻrinadi. Aftidan, toʻpiqqa qadar tushadigan shim uchidagi halqa ip oʻsha tepki ostidan oʻtkazilardi.

Qorayib ketgan qiyofalarda xotirjam kulgi alomati muhrlanib qolgandi. Yuzga toʻkilib qolgan kipriklar, qoshlar kulgu alomatini xiralashtirib turardi. Marhumlarning koʻzlari qisiq, yonoqlari yapaloqroq edi.

Kiyim-kechaklariga qaraganda, bular mamluklar otryadining askarlari edi. Napoleon Poklon tepaligiga chiqayotgan paytda ular atrofini oʻrab yurishardi.

Mamluklar tepalik poyida oʻz avlodining gʻaroyib hayotiga yakun yasaydilar. Narigi tomonda Moskva joylashgan.

Gʻir-gʻir esayotgan iliq shamol mundir qoldiqlarini xuddi bulturgi yaproqlar kabi oʻynay boshladi. Yer qazib yurgan ishchilar, uchuvchilar, haydovchilar tobutlar yonidan oʻtib ketayotib, marhumlarni qiziqib tomosha qilishardi. Bu yerda hozir boʻlgan muzey xodimi diqqatimni boshqalardan kura xiyla bashang kiyingan, boʻychangina bitta marhumga qaratdi.

Marhumning qop-qora barmogʻida qipchoqlarning tamgʻasi tushirilgan enlik, koʻkimtir uzuk bor edi. Balki, bu uzukni Oʻtror koʻchalaridagi doʻkonlarida qovoqlarini osiltirib oʻtiradigan qadimiy ustalar yasagandir. Afsuski, oʻsha shaharning oʻzidan faqat gʻisht siniqlariyu goʻzal afsonalar qolgan, xolos.

Oʻlmas xalqning bu uzugi sahrolardan, mojor choʻllaridan, Genuya togʻlaridan, Misr ehromlaridan, Venesiyaning namchil toshlaridan oʻtib, nihoyat, Setun kentining qop-qora tuprogʻiga koʻmilguncha necha-necha baquvvat, sariq barmoqlarga taqilgan ekan?!»

Aytmatov. Totalitarizm davrida ham tarixiy tadqiqot bilan mashgʻul boʻlib, dard-alam bilan qalam tebratgan va qadimiy bobolarining jasadlari topilganiga shaxsan guvoh boʻlgan Oʻljasga har qancha ofarin aysak arziydi. Axir, Bobur, Ulugʻbek kabi buyuk tarixiy shaxslar, hukmdorlar toʻgʻrisida ham zamondoshlarimizga qiziqarli voqealarni soʻylab berishimiz mumkin-ku!

Shoir, tarixchi, faylasuf Boburshoh Hindistonda Buyuk mugʻillar saltanatiga asos soladi. U ilgari Oʻsh, Andijon viloyatining hokimi boʻlgan edi. Amir Temur kabi Bobur ham Afgʻonistonda, Hindistonda buyuk gʻalabalarni qoʻlga kiritadi. Darvoqe, u oʻn bir yasharlik paytida otasidan ayriladi. Uning keyingi faoliyatlari noyob iste’dod sohibi boʻlganidan darak beradi.

Oʻrta asrlarni tadqiq etgan tarixchilar, yozuvchilar shoh Boburning jasorati toʻgʻrisida koʻpgina kitoblar yaratganlar. Shohning oʻzi yozgan «Boburnoma» esa dunyoning bir nechta tillariga tarjima qilingan va hozirgi kunimizgacha oʻzining tarixiy qimmatini yuqotgan emas.

Shoxonov. Oʻsh viloyatidagi Sulaymon togʻida hozir ham Bobur qurdirgan uy saqlanib turibdi. Oʻsha yer aynan Bobur bino qilgan uy tufayli afsonalardan joy olgan. Muborak goʻshalarni ziyorat qilib, ilmga, poklikka tashna boʻlgan kishilar oʻsha uyga albatta boradilar. U yerda qori shirali tovushda Qur’oni karim oyatlarini qiroat qiladi va oʻtgan-ketganlar, Boburshoh toʻgʻrisida ajoyib hikoyalarni soʻylab beradi. Boburiylar avlolilan boʻlgan Pokistonning sobiq Bosh vaziri Benazir Bxutto Qirgʻizistonga rasmiy tashrif bilan kelgan chogʻida oʻsha uyni ziyorat qildi; buyuk bobosi yashagan yurtga, uning ruhiga oyatlar oʻqib, farzandlik burchini ado etdi.

Amir Temurni butun dunyo buyuk sarkarda sifatida juda yaxshi biladi. Uning nabirasi Ulugʻbek esa bobosidan farqli oʻlaroq, ilm-fanga, madaniyatga koʻproq e’tibor beradi va shu jihati bilan mashhur boʻladi. Samarqand, Buxoro kabi oʻlmas shaharlar tarkibida boʻlgan Movarounnahr saltanatini u oʻttiz yetti yil boshqaradi; mamlakatni qon toʻkmasdan kengaytirib boradi. Qoʻshni mamlakatlarda urush-janjal boʻlib, xalqlar bir-birining qonini toʻkayotgan bir paytda (zamon shunaqa edi) Mirzo Ulugʻbek Samarqandda rasadxona barpo etib, osmondagi yudduzlar sirini oʻrganadi, koʻplab ilmiy asarlar yaratadi. Ulugʻbekning ulugʻligi ham mana shunda.

Aytmatov. Ulugʻbek Xitoydan Vizantiyagacha, Erondan Usmonlilar saltanatigacha boʻlgan mamlakatlardan — butun dunyodan olimlarni oʻz bagʻriga chorlaydi, ularga homiylik qiladi. Olimlar esa riyoziyot, handasa, tabiatshunoslik kabi aniq fanlar sohasidagi bilimlari bilan oʻrtoqlashadilar, samarali ilmiy izlanishlar olib boradilar. Ulugʻbek, ayniqsa, san’at va adabiyotga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatadi. U hukmdor boʻlgan davrda madaniyatning mana shu sohalari gullab-yashnaydi. Faqat birgina «Ziji Koʻragoniy» asarining oʻzi uning nomi asrlar davomida avlodlar xotirasida yashashi uchun yetarli. Afsuski, oʻsha davrda turkiylar madaniyati va ilm-fanining boshida turgan Ulugʻbek ellik besh yoshida qatl qilinadi.

Endi suhbatimiz muqaddimasida tilga olingan mavzuga qaytamiz. Agar dastlabki yuz yilliklarda odamlar dunyoni tanib, yangi ufqlar kashf etib yashagan boʻlsalar, oʻrta asrlarga kelib ular bir-birlari bilan qaqshatgich urush olib bordilar — dunyoni talashdilar. Keyingi yuz yilliklarda esa jahon aholisi oʻz tarixiga, oʻzlarining qadimiy yerlariga qaytdilar va oʻz chegarasidan chiqmay yashay boshladilar. Ajablanarli joyi shundaki, bir zamonlar dunyoni zir titratgan inglizlar, fransuzlar, ispanlar, arablar, moʻgʻillar, arab xalifatining musulmon qabilalari, Usmonlilar saltanati yuz yillar mobaynida oʻzgalar yurtida xoʻjayinlik qilgan boʻlsalar-da, boshqa xalqlarning mustamlakachilik zulmi ostida saqlab kelgan boʻlsalar-da, ammo oxir-oqibat oʻzlarining azaliy vatanlariga qaytishga majbur boʻladilar. Shu bilan dunyoni qayta taqsimlash davri poyoniga yetadi. Goʻyo hayotning oʻzi oʻsha saboqlardan keyin yana bir bora tasdiqlaydiki, qaysidir mamlakatni butunlay zabt etib boʻlmaydi. Bu yoʻlda qancha qon toʻkilmasin, qancha urush olib borilmasin baribir mustamlakachilikning oxiri voy boʻladi.

Biroq, dunyoda boya gaplarning teskarisini tasdiqlaydigan misollar ham bor. Masalan, Kolumb Amerikani kashf etgan paytda u yerlarda oʻn ikki million nafar hindular istiqomat qilardi. Hozir esa tubjoy aholi batamom yoʻq boʻlib ketish arafasida turibdi. Qozoqlar bilan qirgʻizlar keyingi yuz yillikda, hatto keyingi oʻn yilliklarda juda koʻp musibatlarni boshidan kechirdilar. Ammo, Jungariya davlatining boshiga tushgan kulfat yanada ayanchlidir: ular Rossiya bylan Xitoyga chegaradosh boʻlgani bois doimo qoʻshnilari bilan urush olib borishga majbur boʻlib, keyingi ikki yuz yil ichida yer yuzasidan butunlay yoʻqolib ketishiga ozgina qoldi. Bu oʻrinda oʻylab koʻrsa, mushohada yuritilsa arziydigan katta gaplar bor. Chunki, bunday voqealar zamirida qandaydir buyuk sir bor yoki hali hech kim oxiriga yetmagan jiddiy sabab bor. Hindular toʻgʻrisida gapiradigan boʻlsak, ular yagona xalq sifatida birlasha olmagani, qabilalarga boʻlinib, tarqoqlashib ketgani tufayli musibatga uchraydilar. Ular ichki ixtilofni bartaraf etishga ojizlik qiladilar va bosqinchilarning shafqatsiz zarbalariga duchor boʻladilar. Mayda-chuyda dohiychalarning dunyoqarashi yaroqsiz boʻlib qoladi, boz ustiga, nihoyatda jizzakilik qilishib, bor haqiqatni tan olishni aslo istamaydilar: hamma bilan faqat qurol vositasida «gaplashmoqchi» boʻladilar. Natijada hindular qaqshatgich magʻlubiyatga uchraydilar.

Shoxonov. Biz turkiy xalqlar tarixining diqqatga sazovor oʻrinlari toʻgʻrisida mulohaza yuritdik. Shuningdek, ularning kelib chiqishiga doir ayrim masalalarga oydinlik kiritishga urinib koʻrdik.

Endi bevosita qozoqlar va qirgʻizlar tarixi toʻgʻrisidagi masalalar toʻgʻrisida suhbatlashsak demoqchiman. Bir-biriga qardosh boʻlgan ikki xalq haqida gaplashaylik. Masalan, I.Bichurin yilnomasiga koʻra, Bolosogʻundan Belak tugʻiladi, Belakdan Kultaka qogʻoon, Kultaka qogʻoondan Xakas tugʻiladi. Xakasning ikki oʻgʻli boʻladi: Alashxon bilan Talasxon. Alash qozoqlarni boshqaradi, Talas esa qirgʻizlarga bosh boʻladi.

Aytmatov. Koʻp jihatlari umumiy boʻlgan qozoqlar bilan qirgʻizlarning tarixi asosan keyingi paytlarda yozilgan. Koʻp qismi qogʻozga emas, balki toshga yozilgan. Kultegin va Toʻnyuquq toʻgʻrisidagi Urxun-Yenisoy bitiktoshlari — bu xalqlarning qadimiyligini koʻrsatadigan yorqin dalil hisoblanadi. Afsusqi, koʻplab yozuvlar yoʻqolib ketgan. Birtalay bitiktoshlar esa tadqiqot ishlari bahonasida xorijiy mamlakatlarga olib chiqib ketilgan. Hozir muzeylarda turibdi. Sankt-Peterburgda, Angliyada, Olmoniyada qadimiy turklarning bitiktoshlari bor.

Shoxonov. Ermitajga kirgan paytim u yerda Semipalatinsk viloyatidan olib borilgan, shuningdek, Mangʻishloq sahrolaridan olib ketilgan toshlarga oʻyib yozilgan balbal yozuvlarini koʻrganman.

Aytmatov. Amir Temurning toshga yozilgan karomat soʻzlari ham Ermitajda saqlanmoqda.

Shoxonov. Oʻtgan yillar davomida har tomonlarga tarqatib yuborilgan merosimizni toʻplaydigan, yoʻqolganlarini qidirib topadigan payt keldi. Tarix — bu vaqt va boʻlib oʻtgan voqealarning uzviyligidir. Tarixning egasi — xalq. Shu bois tarixiy voqealarga hozirgi kun nuqtai nazaridan baho berishimiz, zamonaviy nuqtai nazardan kelib chiqqan holda hukm chiqarmogʻimiz lozim. Ayni chogʻda har bir hodisaga oʻsha davr nuqtai nazaridan qaramogʻimiz, oʻtgan davrlar izidan yurmogʻimiz darkor. Shundagina koʻzlangan maqsadga erishamiz, tarixni toʻgʻri baholay olamiz.

Men aytmoqchi boʻlgan birinchi gapim shuki, «qirgʻizlar bilan qozoqlar qondosh boʻlib ketganlar». Bu iborani hamma biladi. Bu iborani oʻzimiz oʻylab topganimiz yoʻq. Qanchalik ogʻir zamonlar kelmasin, odamlar nechogʻlik ogʻir hayot kechirmasinlar, lekin qozoqlar ham, qirgʻizlar ham birlik va doʻstlik toʻgʻrisida bobolarimizdan qolgan vasiyatga ogʻishmay amal qiladilar. Shunda xalqlarimiz qiyinchiliklarni hamkorlikda nisbatan osonroq yengib oʻtadilar. Biroq, har bir xalq orasida har qanday narsani shubha ostiga oladigan «arboblar» topilib turadi. Ular: «Ey, qozoqlar bilan qirgʻizlar qaysi asrda bitta ota-onadan tugʻilgan ekan? Ularning kindigini kesayotganda kim bor ekan? Bittasi Yenisey sohillarida yashagan boʻlsa, boshqasi Sirdaryo boʻylarida koʻchmanchilik qilib yurgan boʻlsa, Oltoydan Oʻtror tomon qoʻylarini haydab, u yoqdan-bu yoqqa kelib-ketib yurgan boʻlsa?! Qadimiy tarix nima deydi? Isboting bormi?» deyishadi. Shu bilan xalqlarimiz oʻrtasiga ayirmachilik urugʻini sepmoqchi boʻladilar.

Aytmatov. Bizning doʻstlashib ketishimizni istamaydigan kimsalar ham topilib qoladi. Eramizdan avvalgi III asrda, xunlar zamonidayoq qirgʻizlarning qadimiy ota-bobolari Oʻrta Osiyoga kelib oʻrnashganlar. Ular Yenisey sohillariga keyinroq koʻchib boradilar.

Shoxonov. Sizning «Oq kema» qissangizda ajoyib afsona bor: dushman ta’qibidan qochayotgan qirgʻiz yigit bilan qiz shoxdor bugʻuga mingashib, Yenisoy sohillaridan Olatov taraflarga ketadilar. Bu afsona zamirida juda katta tarixiy haqiqat yashirin. Kechirasiz-u, qirgʻizlar ne sababdan Sibirga koʻchib ketadilar?

Aytmatov. Oʻz xalqining farzandi boʻlgan har bir inson oʻzining tarixini bilmogʻi shart. Turkiy xalqlar tarixini ham bilmoq zarur. Masalan, qirgʻizlarniki kabi davlat, til tarixini bilish lozim. Otalaring kim edi, bobolaring kimlar edi — ularni albatta yodda saqlash kerak. Togʻlaru sahrolar tarixini besh qoʻlday bilish darkor. Suvoriylarning otlari tuyogʻidan eshitilayotgan dupurlash, havoga koʻtarilayotgan asriy chang-toʻzon bizni olis asrlarga olib ketadi. Qadimiy tarixning sargʻaygan sahifalari oʻquvchini zamonlardan zamonlarga olib oʻtaveradi. Xitoy va arablarning, fors va ruslarning, olmon va inglizlarning yilnomalarida koʻplab boshqa xalqlar qatorida «qirgʻiz» degan nom ham uchrab qoladi. Bu xalq oʻtmishda koʻp narsasidan mahrum boʻlgan, ehtimol, faqat Xudoning inoyati tufayli butun saqlanib qoladi. Biz tarixda boshiga oq qalpoq kiyib yuradigan xalq sifatida ma’lum boʻlganmiz.

Shoxonov. Sizlarni yunonlar «xerkis», «xergis» deb, arablar bilan forslar esa «kergis», «girgis», «xirxir» deb, xitoylar boʻlsa «gyangun», «gegun», «sigu», «kigu» deb ataganlar. Bularning barchasi bitta xalqning nomlaridir.

Aytmatov. Ha. Biz yon qoʻshnimiz xitoyliklar bilan goh doʻst, goh dushman boʻlib yurganmiz. Lekin aynan Xitoy manbalarida ilk bor «qirgʻiz» degan nom uchraydi. Ularning solnomasida qayd qilinishicha, Olatovning sharqiy qismida, Boro-Xoro choʻqqisiga yondosh oʻlkalarda qirgʻiz degan xalq yashaydi, elat sifatida shakllanib ulgurgan.

«Eramizdan avvalgi 2001 yili Oʻgʻuzxon oʻrdasini gʻarb tomonga koʻchiradi, yoʻlda qirgʻizlarga duch keladi va ularni yanchib tashlaydi», deb yozilgan oʻsha solnomada.

Shu manbaning guvohlik berishicha, turkiy xalqlar oʻrtasida qirgʻiz degan nom ilk bora uchraydi. U paytlar hali boshqa turkiy xalqlarning nomlari yoʻq edi. Demak, qirgʻiz elati eramizdan avvalgi ikkinchi ming yillikda ham Oʻrta Osiyoda istiqomat qilardi. Biroq, mana shunday qiziq xulosaga kelasan-u, bunga qarama-qarshi boʻlgan savol tugʻiladi. Eramizdan avvalgi birinchi ming yilliqda qirgʻizlar Yenisoy sohillarida, hozirgi Minusinsk hududida yashardilar. U yerlarga qayoqdan borib qoladi? Oʻsha «minusinsk qirgʻizlari» ham Oʻrta Osiyodagi qirgʻizlarning avlodi hisoblanadimi? Yoki ular butunlay boshqa xalqmi?

Bu masala bir necha asrdan beri hal etilmayapti, olimlarni doim boshi berk koʻchaga kiritib qoʻyyapti. Fors olimi Gʻardiziy yenisoylik qirgʻizlar toʻgʻrisida: «Bu qirgʻizlar xuddi hindlar kabi oʻlgan odamlarning jasadini kuydirib yuboradilar. Ularning tushunchasi va e’tiqodi boʻyicha, olov eng toza, pokiza unsur hisoblanadi. Olovga shayton ham, arvoh ham yaqin yoʻlamaydi. Agar marhum yoqib yuborilsa, u barcha gunohlardan forigʻ boʻladi», deb yozadi. Xitoy muarrixlarining e’tirof etishlaricha, «eniseylik qirgʻizlar sariq sochli, koʻk koʻzli boʻladilar». Ular shunday ta’rif beradilar.

Aftidan, qirgʻizlar Oʻrta Osiyoda millat sifatida shakllanadi. Ular qadimiy xunlarning bitta shoxi boʻlgan, keyinchalik esa kelib chiqishi yevropalik hisoblangan din-lin xalqi bilan aralashib ketadi. Din-linlar temir qazib olishni bilardilar, qirgʻizlar esa temirdan qurol-yaroq, har xil taqinchoqlar yasashga usta boʻladilar.

«Slavyanlar bilan chatishib ketgan qirgʻizlar orasida malla, sariq sochli kishilar hozirgacha uchrab turadi», deb yozadi oʻrta asrlarda biz tomonlarga tashrif buyurgan arab sayyohi Al-Idrisiy.

Toʻnyuquq bitiktoshida: «Choʻllik Az yigitini topdim... Ani daryosi bilan borgan oʻsha yerda yotib, bir otligʻ yoʻl yurilib boradi, dedi... Lashkarni yoʻlga soldim. Ot ustida qorni yorib bordim... Yerchi er yangilishib, boʻgʻizlandi... Qirgʻizni uyquda bosdik... Qirgʻiz xalqi taslim boʻldi, ta’zim qildi» degan jumlalar bor. Qadim zamonlarda Az, Chin nomli elatlar hozirgi tuvaliklar yashayotgan yerlarda istiqomat qilganlar. Bilga qogʻoonning sarkardasi Toʻnyuquq oʻsha ikki elatni magʻlub etgach, Sayon dovonidan oshib oʻtib, Minusinsk vodiysiga toʻshadi va «qirgʻizni uyquda bosadi».

Nima boʻlganda ham qirgʻizlarning Oʻrta Osiyoda va Yenisey sohillarida yashagani tarixiy haqiqat. Mening nazarimda, Oʻrta Osiyo qirgʻizlari nima sababdan Yenisoy boʻylariga koʻchib ketgani, oʻsha paytlari ular kimlar bilan urushgani, keyin nima sababdan qaytib kelishga majbur boʻlgani yoki oʻz xohishlariga koʻra qadrdon Olatovga qaytganlarini aniqlash hozir muhim emas. Axir, buyuk koʻchish davrida saklar ham, xunlar ham Rim va Vizantiya devorlarining ostiga borib qolmaganlarmi? Axir, Karpat togʻlarida ham, Azov dengizi boʻylarida ham oʻshalar yashamaganmi? Qotanxon hukmdor boʻlgan davrdagi qipchoqlar moʻgʻillarga qarshi kurashadilar, lekin ulardan yengilib, qadim tuproqlaridan siqib chiqariladi. Keyin ular hozirgi Vengriya (Mojoriston) zaminiga borib qoladilar. Oʻn asr muqaddam Turon davlati tarkibida boʻlgan turklar Marmar dengizi boʻylariga koʻchib ketadilar va u yerda buyuk Usmonlilar saltanatiga asos soladilar. Turkiy xalqlarning bitta urugʻi boʻlmish gagauzlar hozirgi Moldova respublikasining hududida, qadimiy bobolarining yurtidan nihoyatda olisda yashab yuribdilar. Biz nima uchun ugʻro-fin xalqlari Dashti Qipchoqda yashaganini unutishimiz kerak? Manasning otasi Jaqip oʻn asr muqaddam Olatovdan Oltoyga koʻchib ketadi va oradan juda koʻp vaqtlar oʻtgandan keyingina qarindosh-urugʻlari yashayotgan yurtga qaytib keladi. «Manas» dostonining joʻgʻrofiy syujet yoʻnalishi aynan qirgʻiz xalqining Sibirdan Olatov quchogʻiga qaytib kelishi bilan chambarchas bogʻliq. Masalan, sovetlar davrida turkman urugʻlarining juda katta qismi Amudaryo boʻylariga koʻchirib keltiriladi va oʻsha yerga muqimlashib qoladilar.

Taqdir taqozosiga koʻra, bitta xalq oʻz yurtini tark etsa va oradan bir necha asr oʻtgach, yana oʻz yurtiga qaytib kelsa, bu oʻsha xalqmi yoki boshqasimi, deb bahslashib oʻtirishdan nima foyda bor?! Albatta, kelajakda qirgʻizlar nima uchun Yenisoy boʻylariga koʻchib ketgani, buning asil sabablari nimalar ekani, qaysi asrda Olatovga qaytib kelishgani aniqlansa, nur ustiga nur boʻlardi.

Hozir bizga kunday ravshanki, eramizning VI—VII asrlarida qirgʻizlar Oʻrta Osiyoda yashaganlar va Turfon vodiysiga qadar borganlar; keyin ular Tuvada, Sayon dovoni ortida yashaganlar, Yenisoy boʻylariga makon qurganlar. Shunday qilib, gʻarbdan sharqqa koʻchib yurganlar. Axir, ular Xitoy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan Gʻarb davlatlarini bogʻlab turgan Buyuk Ipak yoʻlida roʻy bergan barcha tarixiy voqealarning faol ishtirokchilari boʻlganlar.

«Qirgʻizlar oʻzlarining yoʻlboshchisini ajo deb ataydilar. Ajo tillo toj kiyib yuradi, taxtda oʻtiradi. Ularning shahar-qoʻrgʻonlari Yenisoy boʻylarida joylashgan. Shahar yaxshi himoya qilinadi», deb yozadi Al-Idrisiy oʻzining sayohatnomasida.

Shoxonov. Ehtimol. Xalq, millat bir-biridan ajralmaydigan uchta majburiy unsurdan tashkil topadi: yer, til, madaniyat. Bular avloddan avlodga meros boʻlib qoladigan mangu qadriyatlardir. Xudoga shukrkim, qirgʻizlar bilan qozoqlar oʻz nomlariga ega boʻldilar va dunyo xaritasidan munosib oʻrin oldilar. Hozir biz qadimiy tilimizni oʻrganyapmiz, koʻchmanchilik davridagi madaniyatimizni tiklayapmiz. Agar jahon hamjamiyatiga a’zo boʻlgan har bir xalq oʻtmish bilan kelajak oʻrtasiga, oʻtmish bilan hozirgi zamon oʻrtasiga «oltin koʻprik» qurmas ekan yoki oʻtmish ma’naviy merosini topib, ruhiy aloqa oʻrnatmas ekan va oʻtmish bilan bugungi kun oʻrtasida vorislik huquqini tiklamas ekan kelajak avlod oldida uyatli boʻlib qoladilar, ularga aytadigan hech qanday gaplari qolmaydi.

Siz qirgʻiz xalqi toʻgʻrisida soʻzlayotib ilmiy va shaxsiy tushunchalaringizni bayon etdingiz. Odamlar, xalqlar oʻzlarining shajarasi qachon va qayerdan boshlanganini; joʻgʻrofiy nuqtai nazardan qaralsa, tarixiy vatan qayerda paydo boʻlganini, tilni, madaniyatni, adabiyotni bilishlari kerak. Shunda yaxshi boʻladi.

Bir necha yil muqaddam Shotlandiyaning Glazgo shahrida boʻlib oʻtgan mening ijodiy kechamda shunday savol berdilar:
— Ruslar oʻzlarini rus deb atashlariga sabab ular qachonlardir Rus daryosining boʻylarida yashaganlar. Keyin olam boʻylab yoyilib ketadilar. «Qozoq» degan atamaning etimologik ma’nosi qanday boʻladi? Ma’nosi nima? Qaysi asrdan e’tiboran xalqingiz shunday nom bilan atalib kelyapti?

Nazarimda, bu savol faqat menga emas, bizning barcha tarixchilarimizga, olimlarimizga, adabiyotchilarimizga, xullas, ushbu muammoga aloqasi boʻlgan barcha-barchamizga berilganday tuyuldi. Negaki, to shu bugunga qadar oʻsha savolga qisqa, loʻnda javob topilgani yoʻq. Bu masala hal etilmagan.

Aytmatov. Koʻpincha koʻchmanchi xalqlar tarixida boʻlib oʻtgan tarixiy voqealar afsonalarga, ertaklarga aylantirib yuboriladiki, rost bilan yolgʻonning farqiga borib boʻlmay qoladi. Qaysi afsona yoki ertaqda «qozoq» atamasining kelib chiqishi toʻgʻrisida gap ketadi?

Shoxonov. Xalq oʻrtasida Qalcha Qodir botir toʻgʻrisidagi afsona juda keng tarqalgan. Qadim zamonlarda oʻz xalqining ozodligi yoʻlida kurashayotgan botir qonli toʻqnashuvlardan birida ogʻir yarador boʻladi va sahroning qoq markazida yayov qolib ketadi. Yonida boshini koʻtarib qoʻyadigan birorta odam ham boʻlmaydi; ogʻzi qaqraydi, bir qultum suvga zor boʻladi. Endi dunyodan umidini uzib, oʻlimiga rozi boʻlib yotgan paytida birdan osmonda oqqush paydo boʻladiyu toʻgʻri botirning ustiga qoʻnadi: chanqogʻini qondiradi, oʻlimdan asrab qoladi. Soʻng koʻl boʻyiga eltib qoʻyadi. Qush har xil giyohlarni toʻplab kelib, dori-darmonlar tayyorlaydi va botirning yarasini davolaydi. Nihoyatda holdan toygan botir bir kuni ertalab arang koʻzlarini ochib, mundoq qarasa, yonginasida oppoqqina qiz turibdi ekan. Ma’lum boʻlishicha, shu qiz ilgari jodulab qoʻyilgan boʻlib, botir huzuriga oqqush qiyofasida uchib borgan edi. Shunday qilib, taqdir ularni qoʻshib qoʻyadi. Er-xotin boʻladilar. Ular oʻgʻil koʻradilar. Farzandga Qozoq deb ism qoʻyiladi. Bu bola «oq qush»dan tugʻilgani sababli uni onasining ismi bilan nomlaydilar: «qazaq». Qozoqdan uchta oʻgʻil tugʻiladi: Aqaris, Beqaris, Jonaris. Uch juz urugʻining shajarasi ham oʻshalardan boshlanadi: Aqaris — ulugʻ juzning yoʻlboshchisi, Beqaris — oʻrta juzning yoʻlboshchisi, Jonaris — kichik juzning yoʻlboshchisi. Afsonada shunday deyilgan.

Albatta, afsona faqat afsona, xolos. Biroq, qozoqlar orasida hozir ham «Qaz» degan urugʻ bor. Qozoqlar yaqin-yaqingacha Balxashni «Qaz koʻli» deb atardilar. Ya’ni, «oqqush koʻli» demakdir. Boz ustiga, oʻsha joyda ilgari «Qaz qal’asi» degan shahar bor edi. Ya’ni, «Oqqush shahri» demakdir. Hozir ham oʻsha shahar shunday nom bilan atalgan-ku!

Aftidan, xuddi shu sababli qozoqlar ham boshqa xalqlar kabi oqqushlarni xosiyatli jonivor deb bilishadi, uni ovlamaydilar, balki unga sigʻinadilar. Xalq tabiblari — baxshilar va shamanlar bosh kiyimlarini oqqush patlari bilan bezatardilar. Hozir ham odamlar yosh bolalarning kiyimlarini oqqush va gʻozlarning patlari bilan bezatadilar.

Aytmatov. Yaqinda men buyuk Abayning asarlarini qayta oʻqib chiqdim. Unda qozoq va qirgʻiz xalqlarining kelib chiqishi toʻgʻrisidagi juda qiziqarli va bebaho mushohadalarni uchratdim. Ulugʻ shoir bu atamalarni oʻziga xos ravishda, esda qoladigan yoʻsinda talqin qiladi.

Arab xalifati oʻzining muzaffar yurishi davrida Oʻrta Osiyoga qadar yetib keladi va qozoq tuprogʻiga qadam qoʻyadilar. Arablar oʻzlarining badaviy koʻchmanchilarini «xibay», «xuzagu» deb ataydilar. Ular koʻchmanchi qozoqlarga duch kelgach, bular ham «xuzagu» — joydan joyga koʻchib yuradigan, goʻyo qoʻnim bilmaydigan qush — gʻoz — oqqush, deb oʻylaydilar. Oʻshandan keyin bu xalqning nomi «qozoq» atamasi sifatida muqim boʻlib qoladi. Abay shunday deb yozgan.

Shoxonov. Umr boʻyi tugʻilgan yurtidan tashqariga chiqmasdan, asosan Chingiztogʻ etaklarida yashagan Abayning bu qadar teran bilimga, ilm-fanning turli sohalarini puxta etallaganiga kishi hayron qoladi. U xakaslar, qozoqlar, qirgʻizlar tarixini, shajarasini atroflicha tahlil etadi; qabilalar qachon, qayerdan koʻchganini hikoya qiladi. Xitoy tarixiga ham maxsus toʻxtalib oʻtadi. Mana, bitta misol keltiraman.

«Sibirning sharqiy qismida islom diniga kirmagan bir nechta qozoq urugʻlari bor. Ular tili, urf-odati, tashqi, koʻrinishlari boʻyicha bizga qondosh boʻladilar. Shak-shubhasiz shunday. Xususan, Yenisoy oʻlkasining Minusk kentida bitta xalq bor. Ular oʻzlarini «yasashin tatarlari» deb ataydilar. Qozoqlarni ular qondoshimiz deb biladilar. Ular bilan uchrashgan har qanday odam bu gapda jon borligiga ishonadi».

Abay Yenisoy boʻylarida yashaydigan xalq toʻgʻrisida gapirganda hozir ham oʻsha joylarda istiqomat qilayotgan xakaslarni ham nazarda tutadi. Ular bizga qondosh, lekin boshqa dinga e’tiqod qoʻyganlar. Keyin oʻz mulohazalarini davom ettiradi: «Birorta qozoq yoki qirgʻiz hech qachon qirgʻiz bilan qozoq qondosh xalq ekanini inkor etolmaydi. Qirgʻizlarni xitoyliklar «burutlar» deb ataydilar. Xoʻsh, nima uchun «burutlar» deb ataydilar? Ehtimol, «hech narsani koʻrmagan, hech narsani eshitmagan» degan soʻzlarning qoʻshilmasidan bu nom paydo boʻlgandir?» Keyin Abay qozoqlar bilan qirgʻizlar nima sababdan, qachon, qayerdan Olotov etaklariga kelib qolganliklari toʻgʻrisida hikoya qiladi.

Koʻrinib turibdiki, buyuk shoir xitoylarning tarixi bilan tanish boʻlgan, shuningdek, qirgʻizlarning «Manas» eposini ham manaschi-aytimchilardan eshitgan va undan kerakli ma’lumotlarni olgan. Gap shundaki, «Manas»da aytilishicha, xitoylar va jungarlar qirgʻizlarni yerga urish maqsadida ularni «burutlar» deb ataganlar.

Bundan tashqari, Abayning e’tirof etishicha, qirgʻizlar bilan qozoqlar azal-azaldan buyon birga yashab keladilar, hech qachon ayirmachilik qilmaganlar, bitta xalq boʻlganlar: goʻyo bu soʻzlarni muhrlab qoʻyadi. Shuningdek, zamondoshlarini Minusk past tekisligida ham bizga qondosh xalq yashayotganidan ogoh etadi.

Xalq orasida yuradigan yana bitta afsona ham haqiqatga yaqin. Oʻsha afsona boʻyicha, «qozoq», «alash», «uch juz» atamalari bir-biriga uyqash; bu soʻzlarning kelib chiqishi tushuntiriladi.

Qadim zamonlarda Daryo sohillarida koʻp sonli xalq yashardi. Uni Qizil arslon ismli hukmdor boshqarardi. Bu xon qoʻni-qoʻshnilari bilan goh urushardi, goh yarashardi. Bir gal u boy-badavlat hamsoyasiga hujum uyushtirib, juda katta miqdorda oʻljaga ega boʻladi. Bitta goʻzal qiz asirlikka tushib qoladi. Xon oʻsha qizni xotin qilib oladi. Oradan toʻqqiz oyu toʻqqiz kunu toʻqqiz soatu toʻqqiz daqiqa oʻtgach, oʻsha qiz oʻgʻil bola tugʻib beradi. Lekin, goʻdakning badani olachipor— pes boʻlib tugʻiladi. Xon ham, uning fuqarosi ham bu goʻdakni koʻrib, qoʻrqib ketishadi va undan qutilmoqchi boʻladilar. Xonning toʻngʻich xotini — boybichcha qoravullarga: «Goʻdakni daryoga tashlab yuboringlar!» deb buyruq beradi. Tugʻilgan paytidayoq butun boshli xalqning yuragini yorib yuborayozgan goʻdak, ne ajabki, suvga choʻkmaydi. Goʻdak suv sathida qalqib-qalqib oqib ketadi va daryo etaklarida baliqchilik bilan shugʻullanadigan bitta befarzand cholning qoʻliga borib toʻshadi. Xudoning inoyatidan quvonib ketgan chol goʻdakni qutqarib, bagʻriga bosgancha uyiga olib ketadi. Chol-kampir goʻdakni parvarish qila boshlaydilar. Bolakay «olachipor» boʻlgani bois uni erkalatib «Alash» deb nomlaydilar. Shu nom bilan bola voyaga yetadi. Oradan yillar oʻtgach, bola juda aqlli, dovyurak, baquvvat botir boʻlib ulgayadi. Oʻzining ajib fazilatlari bilan koʻpchilikning nazariga toʻshadi.

Uning haqiqiy otasi Qizil arslon navqiron botir oʻzining pushti kamaridan boʻlganini bilib, ilgari qilgan ishi uchun pushaymon yeydi. Dastlab, botir yigitni oʻz qavatiga tortmoqchi boʻladi. Lekin, Mayqi biy maslahatiga koʻra, uning ixtiyoriga uch yuz nafar askar beradiyu olis sahroga joʻnatib yuboradi. Uch yuz nafar dovyurak, taptortmas yigit koʻplab jangi jadallarda ishtirok etadilar, qahramonlik namunalarini koʻrsatadilar va oʻzlarining hududini mamlakat darajasida kengaytirib oladilar. Ular Alashni oq kigizga oʻtqazishib, xon etib koʻtaradilar. Ularning jasoratini chetdan kuzatib yurgan odamlar hasad qilishib, yovqur jangchilarni «qozoqlar», ya’ni «mustaqil kishilar» deb ataydilar. Shunday qilib, uch yuz nafar yigit uchta juzga (yuz-100) asos soladilar. «Juz» — oʻnta oʻn degani, qozoqlar yashaydigan mamlakat demakdir. Bizning oqsoqol-chollarimiz hozir ham: «Bizning bobomiz Alash, bizning nomimiz qozoqlar», deydilar.

Qodirgʻali Jaloyir, Rashididdin, Abulgʻoziy Bahodirxon kabi mashhur muarrixlarning asarlarida Alash nomi tez-tez eslatilib oʻtiladi. Keyingi ikki muallif bergan ma’lumotlarga qaraganda, Alash xonning yozlik qarorgohi Ulugʻtov bilan Kichiktov oraligʻida, qishlov qarorgohi esa Qoraqum bilan Boʻrsiqqum oraligʻida joylashgan ekan. Ulugʻtovda hozir ham «Alash xon oʻrdasi»ning xarobalari saqlanib qolgan. Bu Alash xon saroyining qoldiqlaridir. Qoraoʻngʻir daryosining yoqasida Alan xon maqbarasi bor.

Aytmatov. Juda qiziq ma’lumotlar ekan. Kavkazda yashaydigan noʻgʻoylar ham oʻzlarini erkin tutadigan, dovyurak, ozod kishilarni «qozoqlar» deb ataydilar. Uzoqqa borib oʻtirmaylik, oʻz xoʻjayinlarining zulmidan, qulliqdan qochib Sibirga Urolga, Donga ketib qolgan rus dehqonlari ham «qozoqlar» deb ataladi. Ularning tushunchasi boʻyicha «qozoq» soʻzi «erkin», «mustaqil» degan ma’nolarni anglatadi. Qoʻshni xalqlarda mavjud boʻlgan koʻplab maqollar, matallar asosida fikr yuritadigan boʻlsak, «qozoq» va «kazak» atamalari faqat tashqi fonetik jihatdan emas, balki ichki mazmuniy jihatdan ham oʻxshash ekanini kuzatish mumkin.

Boz ustiga, Ch. Valixonov «qozoq» soʻzini harbiy atamalar roʻyxatiga kiritgandi; bu soʻzni «jasur», «dovyurak» ma’nosida talqin qiladi. Mashhur olim V. V. Radlov «qozoq» soʻzini «mustaqil», «jasur» ma’nosida tushunadi; taniqli turkshunos A. N. Samoylovich ham oʻsha nuqtai nazarni qoʻllab-quvvatlaydi va bu soʻzni «jasur», «erkin» deb tarjima qiladi.

Shoxonov. Eramizning II asriga aloqador boʻlgan Jungo (Xitoyning nomi) solnomasida xabar berilishicha, Orol va Hazor dengizlari boʻylaridagi sahrolarda «xasa», «kasa» nomli xalq koʻchmanchi boʻlib yashaydi. Oʻrta Osiyodan chiqqan muarrix Roʻzbexon ma’lumotlariga koʻra, «oʻzlarining behad jasurligi, quvvati, qahramonligi bilan dong taratgan qozoqlar jahon xalqlari oʻrtasida mashhur boʻlib ketadilar; arab tilida yaratilgan koʻplab asarlarda ularning qoʻrqmasligi, jonbozligi toʻgʻrisida bot-bot soʻz ketadi».

Shunday qilib, «qozoq» deb atalmish xalqning tabiatan jasur, erkin, erksevar, mustaqil boʻlganini qadimiy manbalar ham tasdiqlaydi.

Yuqorida aytilgan gaplarning yana bir isboti shundaki, janubiy Qozogʻistonda bitta dovon bor. Aytishlaricha, «Iskandar mana shu tepalikdan orqasiga qaytib ketgan» ekan. Bu dovon xiyla baland va uzun. Iskandar Zulqarnayn — mashhur sarkarda Aleksandr Makedonskiyning oʻzginasi boʻlib, eramizdan avval IV asrda Eron podshosi Doro III qoʻshinlarini, Osiyoda Qodomon qoʻshinini yanchib tashlab, soʻng Oʻrta Osiyoga lashkar tortib kelgan edi. Buyuk sarkarda Samarqandni ham zabt etadi. Keyin Sirdaryodan oʻtib, muzaffar yurishini davom ettirmoqchi boʻlgan chogʻda Olatov koʻchmanchilarining qaqshatgich zarbalariga duch kelib, orqaga qaytishga majbur boʻladi. Oʻshandan buyon xalq orasida quyidagi qoʻshiq mashhur:

Ortingdan yurganga yoʻlni ochib ber,
toshlarni maydala oppoq un qilib.
Yaqin bor aytgancha qadim qoʻshiqni:
«Iskandar qaytgan, ey, ulugʻ qoya,
zuvillab uchirgan shamoling-la kel».

Aleksandr Makedonskiyning orqaga chekinishi xalq xotirasida yaxshi saqlanib qolgan. Kimdir, bu qoʻshiq keyingi zamonlarda toʻqilgan, deb e’tiroz bildirishi mumkin. Biroq, «Iskandar mana shu tepalikdan orqasiga qaytib ketgan» degan soʻzlar, oradan 24 asr vaqt oʻtgan boʻlsa hamki, hamon oʻzgarmay qolayotir.

Eramizdan avvalgi VII—IV asrlardagi Midiya, Assuriya, Eron mamlakatlarining iqtisodiy, moliyaviy ahvolini oʻrgangan taniqli olim A.N. Bernshtam ular bilan savdo-sotiq aloqalarini oʻrgatgan Kichik Osiyodagi qadimiy saklar hozirgi qozoqlarning bevosita ajdodi boʻlganlar, degan xulosaga keladi. Qadimiy davrlarni tadqiq etgan tarixchilar, etnograflar, qadimshunoslar, antopologlar ham xuddi shunday toʻxtamga keladilar.

Saklardan soʻng tarix sahnasiga qadimiy turklar (VI—VIII asrlar), qarluqlar (VIII—X asrlar), qimoqlar (IX—XI asrlar), keyin to XIII asrgacha davlat qurib oʻtirgan qipchoqlar chiqadilar. Oq oʻrda tarkibiga kirgan qozoqlar esa moʻgʻillarning bayrogʻi ostida oʻtkazilgan barcha janglarda, talonlarda qatnashadilar. Oq Oʻrda davlati hozirgi Qozogʻiston hududida joylashgandi. «U paytlari Alashning oltita urugʻi Oltoydan Hazor dengizigacha, Toʻboʻldan Sirdaryogacha va Yettisuvgacha boʻlgan oʻlkalarni egallab yotardi. XIII asrning ikkinchi yarmidan ular Oltin Oʻrdadan ajralib chiqadilar va oʻzlarining Oq Oʻrda davlatini tuzadilar».

Oq Oʻrda parchalanib ketgach, Jonibek, Qaray ismli xonlar Shayboniylardan mustaqil ravishda oʻzlarining davlatini barpo etadilar. «Shayboniynoma», «Tarixi Rashidiy» nomli kitoblarning muallifi Muhammad Haydar Davlatiyning ma’lumotlariga qaraganda, Oʻrdadan ajralguncha boʻlgan davrda qozoq xalqi tarkibiga quyidagi urugʻlar mansub ekan: XIV—XV asrlarda naymanlar Oʻlugʻtovdan Ishimga qadar koʻchib yuradilar, qoʻngʻirotlar va qipchoqlar Turkiston bilan Qoratov oraligʻida yashardilar, argʻinlar Irtish sohillarida va Markaziy Qozogʻistonda yashaydilar, qaraylar Torbogʻotovda, Irtishda, Umada, Zoyson koʻli boʻylarida, Toʻboʻl daryosi qirgʻoqlarida yashaydilar, davlat Ila, Chuy, Talas daryolarining boʻylarida yashaydilar, qanglilar bilan uysunlar Yettisuvda yashaydilar, alashlar Edilda, Joykeda, Hazor boʻylarida yashaydilar. Xullas, sak qabilalari oʻrniga qozoq urugʻlari keladilar. Demak, vaqt oʻtishi bilan qabila va urugʻlarning nomlari oʻzgaraveradi, biroq asrlar davomida mavjud boʻlgan xalq oʻzgarmay qolaveradi; u oʻzi paydo boʻlgan tuproqda hayot kechiraveradi. U yagona xalq. Ajoyib qozoq shoiri Jubon Moʻldagʻaliyev iborasi bilan aytganda, «ming bor oʻlib, ming bora tirilgan» xalq — qozoqdir.

Biz koʻp hollarda oʻzimizni oʻzimiz yerga urdik, xarob etdik. «Qozoqning dushmani qozoq boʻladi», degan edi bir donishmand. Menimcha, bu soʻzlardan qirgʻizlar ham qochib qutilmasa kerak. Totalitar tuzum davrida Markazga yaxshi koʻrinish uchun 1913 yilga qadar qozoq bilan qirgʻiz xalqi orasida faqat 2-3 foiz savodxon bor edi deb yozdik. Aynan sovet hokimiyati yillarida qozoqlar bilan qirgʻizlar yoppasiga savodxon boʻldilar deb ayuhannos soldik. Oʻzimiz yuksak minbarlarga chiqib, bu haqda koʻkragimizga mushtlab gapirdik. Oʻzimiz oʻzimizni johil, tarixi yoʻq xalq deb koʻrsatdik. Oʻzimiz oʻzimizni qul qilib, boʻynimizga tavqi la’nat tamgʻasini osib yurdik. Boshqalar joʻr boʻlishib qarsak chalib oʻtirdilar.

Aytmatov. Ha, Qohirada, Damashqda, Marokashda yoki boʻlmasam, Qozonda, Toshkentda, Buxoroda tahsil koʻrib qaytgan, musulmonlarning muqaddas kitobi boʻlmish Qur’oni karimni yoddan biladigan mullalarimiz nafaqat shaharlarda, balki ovullarda ham bolalarimizga islomiy ilmlardan tashqari dunyoviy ilmlarni ham oʻrgatib yurgan boʻlsalar-da, biroq ular savodxon hisoblanmasdi. Vaholanki, ular Sharq va Gʻarb ilmini suvday bilardilar. Ulardan ta’lim olgan, islomiy bilimlarni oʻzlashtirgan, arab imlosidan savod chiqargan oʻquvchilar ham oʻsha ikki-uch foizga qoʻshilmasdi. Faqat ruscha ta’lim olgan oʻquvchilargina savodxon hisoblanardi. Sharqona tahsil koʻrgan, arab imlosida yozishni, oʻqishni biladigan kishilar umuman e’tiborga olinmasdi.

Qadim zamonlarda ham oʻzimizning alifbomiz, yozuvimiz bor edi. Afsuski, hozir biz bu haqiqatni isbotlab berishga ojizlik qilamiz.

Issiq qoʻrgʻon xarobalaridan topilgan kumush kosa tubidagi yozuvni olimlar eramizdan avvalgi V asrga aloqador deb tasdiqladilar.

Moʻgʻilistonda taqinchoqqa yozilgan xat topildi. Bu taqinchoq boʻyinga osib yuriladi. Unga «Sengir» deb yozilgan ekan. Xunlar davriga tegishli yodgorlikdagi yozuv qadimiy turk tilida «togʻ tizmasi», «togʻ zanjiri» ma’nosini anglatadi. Eramizdan avvalgi 192 yilda yozilgan xitoylarning «Solnomasi»da: «Meta Tangrining farovon davri kelgach, xunlar kuchayib ketishdi, ular yozuvdan foydalanishni oʻrgandilar va avlodlariga buyuk meros qoldirdilar», deb qayd etiladi.

Shoxonov. Bu hol qadimiy turk yozuvi hozir taraqqiy etgan Gʻarbiy Yevropa mamlakatlaridagi yozuvlarga nisbatan ancha ilgari paydo boʻlganini yana bir bora tasdiqlaydi. Bundan tashqari, saklar bilan xunlarning yozuvlari buyuk davlatning ehtiyoji sifatida paydo boʻladi. Bu davlat Sibir oʻrmonlaridan to Dashti Qipchoqqa va Oʻrta Osiyoga qadar bepoyon hududni qamrab olgandi. Aynan mana shu oʻlkalarda qadimiy yozuv vositasida davlat siyosati yuritilardi. Aynan qadimiy yozuv qudratli davlat ichkarisidagi oʻzaro aloqalarni ta’minlaydigan vosita boʻlib xizmat qiladi. Hatto bir nechta davlat tuzilmalari tarkibida yashagan turkiy xalqlar oʻrtasida axborot tarqatish, muhim ma’lumotlarni avloddan avlodga qoldirish vazifasi ham qadimiy yozuv zimmasiga toʻshadi. Urxun-Yenisey bitiktoshlarida qoldirilgan bebaho ma’lumotlar tufayli qirgʻiz va qozoq xalqlari tarixidagi boʻshliqlar toʻldirildi. Ular ilgari topilgan toshbitiklardagi ma’lumotlarni tasdiqladi.

Aytmatov. Yenisoy bilan Tuva oraligʻidan topilgan 120 yozma yodgorlik ilm-fan olami uchun juda katta yangilik boʻldi. Bular qirgʻiz tili va qirgʻiz xalqiga tegishli yodgorliklardir. Talas shahrining sharqiy tomonidan topilgan toshbitiklardagi har bir soʻz xalqimiz xotirasidan deyarli oʻchib ketgan butun boshli tarixiy davr toʻgʻrisida hikoya qiladi.

Shoxonov. Qozoq adabiyotining mumtoz vakili Gʻabit Musrepov bir gal mendan: «Eramizning IV—VIII asrlarida gullab-yashnagan buyuk Turk qogʻonati nima uchun parchalanib ketadi?» deb soʻrab qoldi. Men unga: «Dushman kuchlilik qiladi, yer maydoni katta edi, xalq oz edi, boz ustiga, xalq ittifoq emasdi», deb javob berishga urinib koʻrdim. Lekin bu javob Gʻabit ogʻani qoniqtirmadi. U boshini sarak-sarak qilib: «Umuman olganda, gaplaring toʻgʻri. Biroq, sen eng asosiy sababni aytmading. Qogʻonotning parchalanib ketishiga sabab shuki, ular dushmanga qarshi oʻz lashkarini yoʻnaltira oladilar-u, ammo unga oʻz madaniyatlarini qarshi yoʻnaltira olmaydilar», deb javob beradi.

Ha, bu dunyoda ma’naviy qullikdan ham ortiq darajada ezadigan qulliq boʻlmaydi. Axir, yer yuzasida oʻzidan kuchli boʻlgan xalqlarning tilini, dinini, madaniyatini, san’atini oʻzlashtirib olib, oʻzlarining serqirra madaniyatini, urf-odatlarini, tarixi, adabiyotini batamom unutib yuborgan elatlar ham bor-ku?!

Mustamlakachilar zabt etilgan oʻlkalarning xalqlarini ma’naviy jihatdan uzil-kesil qaram qilib olish uchun tarixiy sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan uch xil usuldan unumli foydalanadilar: yerlari bosib olinadi, dinni oʻzgartiradilar, ya’ni oʻzlarining diniga kiritadilar, tarixni va tilni unutishga majbur etadilar. Xalq tarixiy xotirasidan mahrum boʻlib qolishi uchun shunday qiladilar.

Lotin alifbosini joriy etish yoʻlida qanchalik gʻovlarga duch kelganimizni eslatib oʻtish kifoya boʻlsa kerak. Vaholanki, bu milliy oʻziga xoslikka qaytish borasidagi qutlugʻ qadam edi.

Bizning qadimiy ota-bobolarimiz oʻylab topgan yozuv, turkiy xalqlarning madaniyati va san’ati taraqqiyotiga xizmat qilgan, tilimizni rivojlantirgan va boyitgan, shajaramizni va umuman tariximizni tosh-bitiklarda abadiy qoldirgan koʻhna yozuv qanday qilib yoʻqolib ketadi?

Aytmatov. Fikr-mulohazalaringga toʻla-toʻkis qoʻshila olmayman. Lotin imlosi bizga jamiki turkiy xalqlarning yozuvini bir-biriga uygʻunlashtirish uchun qoʻl keladi. Umuman, faqat qirgʻiz yoki qozoq yozuvi va madaniyati emas, balki barcha turkiy xalqlarning yozuvi va madaniyati keyingi 12-13 asr mobaynida har tomonlama qisdi-qafasga olindi. Ularning hammasini sanab koʻrsatish ham mumkin. Milodiy 634 yildan to 710 yilga qadar arab xalifatining lashkari Suriyani, Eronni, Quddusni, Afgonistonni, Oʻrta Osiyoni, Vizantiyani, Armanistonni, Misrni va Gʻarbiy Yevropaning bir qismini bosib oladi. Zabt etilgan oʻlkalarda islom dini va arab imlosi joriy etiladi. 715 yili Turkiston ham arablarning mustamlakasiga aylanadi. Muarrix Narshaxiy oʻzining «Buxoro tarixi» nomli kitobida arab sarkardasi Qutaybaning xurmacha qiliqlari toʻgʻrisida soʻz yuritib: «U harbiy xizmatga yaroqli boʻlgan barcha kishilarni qilichdan oʻtkazadi. Tirik qolganlarni esa asir oladi. Qutayba machitlar qurdirdi. Gʻayridinlarning kitoblarini, otashparastlarning qoʻllanmalarini yoʻqotib yuboradi», deydi.

Amudaryo oʻzanlari boʻylab joylashgan uch yuzdan ortiq shahar va qishloqlar arablar tomonidan batamom yoʻqotib yuborilganini buyuk Beruniy afsus bilan eslaydi. Oʻsha qishloq va shaharlar bilan birga odamlar ham, noyob qadriyatlar ham, til va din, yozuv, urf-odatlar, an’analar ham izsiz yoʻq boʻlib ketadi.

Shoxonov. Arablar xalqni boʻysundirish uchun eng oddiy va toʻgʻri yoʻlni tanlaydilar; birinchi navbatda mahalliy dinni yoʻqotadilar, otashparast aholini islomiy e’tiqod tomon boshlaydilar. Soʻng mahalliy yozuvni ham mahv etadilar. Ular ilmiy risolalarni, ilmi nujum va falsafaga doir tadqiqotlarni, solnomalarni, tarixga oid barcha kitoblarni yoʻqotadilar. Qabrtoshlardagi yozuvlarni, toshlarga yozilgan she’rlarni temir choʻkichlar bilan koʻchirib oladilar.

Aytmatov. Xunlaru turkiylaru xorazmiylarning yozuvlarini barbod qilishgach, arablar xalqning ma’naviy qadriyatlarini — madaniyatini, adabiyotini, urf-odatlarini, an’analarini yoʻqotishga kirishadilar; joʻgʻrofiy joylarni, odamlarning ismlarini arabcha nomlar bilan almashtiradilar. Xalqimiz oʻsha paytgacha toʻplagan tarixiy xotirasini unuta boshlaydi. 1924 yilga qadar biz foydalangan 28 harfdan iborat arab alifbosi mana shu tarzda turmushimizga kirib keladi.

Tabiat qonunlari boʻlgani kabi jamiyat taraqqiyotining ham, tarixning ham oʻz qonuniyatlari bor. Ikki millat oʻrtasida, ikki din oʻrtasida kurash yoki urush boʻladimi-yoʻqmi, aniqrogʻi, ikki dinga e’tiqod qoʻygan bitta xalq oʻrtasida urush-yarash boʻladimi-yoʻqmi, bundan qat’i nazar, ertami-kechmi tabiat, vaqt, tarix ularni tenglashtirib qoʻyadi. Men bu gaplarning aytayotganimga sabab shuki, Chingizxon rahbarligidagi bosqinchilar Sharqdan Gʻarb tomon muzaffar yurish boshlashlaridan ancha avval Gʻarbdan Sharqqa tomon ham dahshatli harbiy yurish boʻlgan edi va xalqlarni qurol kuchi bilan boʻysundirishga behuda harakat qilinadi. Oʻsha yurishlarning nomini «salib yurishlari» deydilar. Bunday bema’ni harakatlar ikki asrdan ortiqroq davom etadi. Unga qarshi qaratilgan harakatlar esa xalqlarni uch asrdan ortiq vaqt mobaynida dahshatga solib turadi. Nazarimda, oʻrta asrlarda oʻsha ikki bosqindan ham qonliroq hodisa roʻy bermaydi.

Yer yuzasidan bepoyon hududlari, bir-biridan juda olisda joylashgan Gʻarb bilan Sharq koʻp asrlar davomida mutlaqo oʻziga xos yoʻldan rivojlanib boradilar. XI—XII asrlarda Sharq mamlakatlari boy-badavlat edi. Ularning madaniyati, san’ati, adabiyoti, ilm-fani, iqtisodiyoti gullab-yashnaydi. Sharq Renessansi — Uygʻonish davri boshlanadi. Mana shu holat, madaniyatning gullab-yashnayotgani va Sharq mamlakatlarining kuchayib borayotgani tufayli Gʻarbiy Yevropaning feodallari tinchgina uxlay olmay qoladilar. Boy-badavlat, sirli-sinoatli Sharq mamlakatlari olisdan ularga xuddi jannatga oʻxshab koʻrinadi. Azobxonalarga aylangan Gʻarb shaharlarida istiqomat qiladigan qirollar, gersoglar Sharq taraflardagi oʻlkalarni oʻzlariga qoʻshib olishga kirishadilar; oʻz otlarini Nil, Tigr, Yefrat kabi sharqiy daryolarda sugʻorishni xohlab qoladilar. Lekin, jangi jadalga bir kishi bormaydi-ku! Buning uchun Yevropa xalqlarini bosqinchilik yurishiga koʻtarish kerak edi. Xalqni koʻtarish uchun esa jiddiy sabab boʻlishi kerak edi. Oxir-oqibat oʻshanday sabab ham topiladi.
— Nasroniylarning sajdagohlari, Xudoning tobuti va Iso Nasroniyning qabri boʻlgan muqaddas Quddus shahri musulmonlarning oyoqlari ostida toptalayotir! Xaloyiq, Xudoning tobutini qutqarib olaylik!— degan chaqiriq yangraydiyu uning aks sadosi Gʻarb mamlakatlari boʻylab taraladi.

Shunday qilib, ikki yuz yildan ortiq vaqt mobaynida davom etgan urush boshlanib ketadi. Nasroniy askarlarining yoʻllarida yashayotgan xalqlarning boshiga misli koʻrilmagan kulfatlar yogʻiladi.

1095 yilda boʻlgan dastlabki salib yurishini Rim papasi Urban II boshqargan. U Fransiyada tugʻilgandi. Oʻz atrofiga chegaradosh mamlakatlarning qirollarini, janobi oliylarini, oddiy askarlarini uyushtirib, buyuk lashkar tuzadi va Kichik Osiyo bilan Suriyani qonga botirib tashlaydi.

Fransuz qiroli Lyudovik VII va Olmoniya hukmdori Konrad III rahnamolik qilgan ikkinchi va uchinchi salib yurishlari hech qanday natija bermaydi. Oddiy til bilan aytganda, ular kasodga uchraydilar.

Toʻrtinchi salib yurishiga xalq va lashkarni Papa Innokentiy III boshqarib boradi.

1217—21 yillarda uyushtirilgan beshinchi salib yurishida olmon, mojor, ingliz, holland askarlari qatnashadilar. Qaqshatgich janglardan soʻng Damashqni va Nil daryosining quyi oqimlarini boʻysundiradilar. Biroq, boʻysundirilgan oʻlkalarni uzoq vaqt qoʻlda saqlab qolishga ojizlik qiladilar va Misrni majburan tashlab chiqadilar.

Oltinchi salib yurishida rahnamolikni olmon imperatori Fridrix II oʻz zimmasiga oladi. U juda katta lashkar toʻplaydi. Quddusni tor-mor etib, Damashqqa kirib boradi. Biroq, musulmonlarning qarshi hujumiga dosh berolmaydi va ot jilovini kun botar tarafga burishga majbur boʻladi.

Yettinchi va eng oxirgi — sakkizinchi salib yurishlarini fransuz qiroli Lyudovik IX uyushtiradi va lashkarboshi ham oʻzi boʻladi. Ammo, Tunis tuprogʻida vabo kasaliga uchrab oʻladi. Son-sanoqsiz lashkar qoʻmondonsiz qolgach, har tarafga tirqirab ketadi.

Nega men bu gaplarni eslab oʻtiribman? Gullab-yashnayotgan, rivojlanayotgan mamlakatlarni bosib olish uchun jahongirlar diniy gʻoyalardan shior sifatida foydalanadilar. Lekin, oxir-oqibat oʻzlari sharmanda boʻladilar. Ustiga ustak, tabiatda hamma narsaning oʻlchami, muvozanati boʻladi. Oʻsha qonli urushlar, salib yurishlari Sharqda javob zarbalarini qoʻzgʻotib yuboradi va Chingizxon Gʻarb tomon yurish boshlaydi.

Bu hodisa tarixda xalqlarni vaqt nuqtai nazaridan tenglashtirib turadigan qonuniyatlar borligini yana bir marta tasdiqlaydi.

Shoxonov. Bizning xotiramizga, tariximizga, xalqimizning madaniyatiga Chingizxon son-sanoqsiz lashkari bilan ikkinchi boʻlib tajovuz qiladi. Ularning arab bosqinidan farqi shundaki, moʻgʻillar yer-mulkni, asirlarni qoʻlga kiritgach, murodi maqsadiga yetardilar. Ya’ni, mafkuraviy kurashga deyarli ahamiyat bermasdilar. Ular Rusiya ustidan uch yuz yil hukmronlik qiladilar, lekin tilga ham, dinga ham qiron keltirmaydilar. Rus yozuvi, madaniyati, nasroniy dunyoqarash oʻzgarmay qoladi.

Aytmatov. Chingizxon qoʻshini oʻzining muzaffar yurishini 1207—08 yillarda Sibirda yashaydigan buryat, yoqut xalqlarining yerlarini zabt etishdan boshlaydilar. Soʻng dunyoning narigi chetiga yetib borish maqsadida Gʻarb tomon otlanadilar; yuzdan ortiq mamlakatni va xalqlarni boʻysundiradilar. Bepoyon hudud moʻgʻillar qaramogʻiga oʻtadi. Adriatika dengizi qirgʻoqlaridan ot jilovini orqaga buradilar. Yenisey qirgʻizlarining yoʻlboshchisi moʻgʻillarga qarshilik koʻrsatilsa, xalq boshiga bitmas-tuganmas musibat yogʻilishini bilib, «Moʻgʻil solnomasi»da aytilishicha, «Joʻchixonga oq lochin, oq yoʻrgʻa, qora moʻynali poʻstin sovgʻa qiladi». Chunki, qora quyunday yopirilib kelayotgan Chingizxon lashkariga qarshilik koʻrsatish gʻirt bema’nilik boʻlardi. Shu bois ixtiyoriy ravishda taslim boʻladi. Qirgʻizlarning oʻsha yoʻlboshchisining ismi sharifi Aris Aynal Oldiyor oʻgʻli edi.

1218 yilgacha Chingizxon Toʻngut xonligini, Turpanni, Jungoni, Xonbaliqni zabt etadi. Uning keyingi moʻljali Yettisuv boʻladi.

«Moʻgʻil solnomasi»da yozilishicha, qabilalar ittifoqiga birlashgan turkiy xalqlar Chingizxonning qonxoʻr oʻgʻillari — Joʻjixon, Chigʻatoy, Oʻgaday, Toʻla qoʻmondonligi ostidagi misli yoʻq lashkarga qarshi yigirma yil davomida mustaqillik, ozoddik uchun mardonavor kurashadilar. Oʻsha paytlari ichki ixtiloflar, ayirmachilik qozoq hukmdorlarini ichidan yemirayotgan edi. Bu hol xalq boshiga juda katta musibat keltiradi. Bosqinchilarga qarshi turadigan qudratli kuch boʻlmaydi. 1220 yili moʻgʻillar Yettisuvni, Ulugʻtovni, Qoratovni, Dashti Qipchoqni ishgʻol qiladilar va Oʻtror, Sovron, Sigʻnoq, Jent, Taroz, Oʻzgand shaharlarini yer bilan yakson qilib tashlaydilar. Soʻng Amudaryo qirgʻoqlari boʻylab, yoʻlida uchragan narsani barbod etib oʻtadilar. Hech kim bosh koʻtarib, qarshilik koʻrsatmaydi. Qayirxon oʻz askarlari bilan Oʻtror shahrini olti oy mobaynida yovdan qahramonlarcha himoya qiladi. Bizning tariximizda yorqin iz qoldirgan Xorazm shohi Muhammad ham yovga taslim boʻlmasdan kurashni davom ettiradi: «Xorazmning kulini koʻkka sovurilganini koʻrganimdan koʻra, oʻzga yurtlarda xor-zorlikda oʻlib ketganim afzal», deydi u. Darhaqiqat, u moʻgʻillarga qarshilik koʻrsatib, Hazor dengiziga qadar chekinib boradi. Oxir-oqibat aytgan gaplari toʻgʻri boʻlib chiqadi: u odam yashamaydigan bitta orolda ogʻir kasalga chalinib oʻladi.

Oʻsha paytlari Jabo noʻyon va Subutoy bahodirlar oʻttiz ming nafar suvorilari bilan Oʻrta Osiyo orqali oʻtib, Eron va Ozarbayjonni ishgʻol qiladilar. Gurjiston ham boʻysundiriladi. Shundan keyin otlarining boshini Edil tomon buradilar va ruslarning poyonsiz dashtlariga imkon qadar yaqin boradilar. Chegarada toʻxtaydilar.

Shoxonov. Kelib chiqishi jihatidan bizga yaqin boʻlgan mojor (vengr) xalqining farzandi, taniqli olim Qonir Ishvan Mondoqiy uchrashuvlarimizning birida bunday degandi: «Muxtor, sen boradigan joy — Bolqon togʻlari... Bu joy biz kelib oʻrnashgan yerdir. Balki, sen ham shunaqa qoʻshiqni eshitgandirsan? Sizlar oʻzlaring tugʻilgan zaminda qolasizlar. Bizning ota-bobolarimiz esa Qoʻtonxon bilan birgalikda Bolqon togʻlariga kelib oʻrnashadilar. Boshqacha aytganda, biz sizlar bilan qondoshmiz, bizning azaliy vatanimiz ham bitta boʻlgan. Keyinchalik begonalashib ketdik. Afsuski, shunday boʻldi. «Qalin tasmani belimga bogʻladim. Oh, taqdiri azal, nega men oʻz yerimni tashlab keldim?!» degan qoʻshiq ham qadimiy zamonlardan guvohlik berib turibdi». U gʻamgin kulumsirab qoʻyadi.

«Doʻstim, gʻam yema. Biz yoʻqotgan xalq, mana, sening timsolingda yana biz bilan topishdi-ku» deb unga taskin bergandim.

Nadomatlar boʻlgʻaykim, ba’zan taqdir odamlarga nisbatan nihoyatda shafqatsizlik qiladi. Oradan birmuncha vaqt oʻtgach, Qonir Mondoqiy Dogʻistonda toʻsatdan vafot etdi. Oʻzining vasiyatiga koʻra, uning jasadi ota-bobolarining yurtiga — Olatov poyidagi Kengsoy qabristoniga dafn etildi.

Qoʻtonxon ham bizning tariximizda oʻziga munosib joyni egallashi lozim. Chunki uning faoliyati boshqa rahnamolarning sa’y-harakatlaridan keskin farq qiladi. Ayni oʻsha zot Kiyev knyazi Mstislav Romanovichga quyidagi tarixiy soʻzlarni aytgan: «Agar bugun siz bizga yordam bermasangiz, biz bugun oʻlamiz. Lekin, ertaga sizlarni ham qirib tashlaydilar», «Lavrentiy yilnomasi»da mana shu soʻzlar qayd etilgan.

Xoʻsh, Qoʻtonxon kim boʻlgan?

U Chingizxon bosqinchilariga qarshi bosh koʻtargan kamdan-kam yoʻlboshchilardan biri edi. Soʻnggi nafasigacha oʻz xalqining va yurtining ozodligi uchun kurashadi. Dushmanga bosh egmaydi. Dashti Qipchoqning eng oxirgi himoyachisi shunday boʻlgan. U buyuk qahramon sifatida nom qoldirgan.

Tarixdan juda yaxshi ma’lum boʻlgan Joʻchixon — Chingizxonning oʻgʻli, qipchoqlar ulusiga xon etib tayinlanadi. Lekin, u 1227 yilda vafot etadiyu oʻrniga kenja oʻgʻli Botu taxtga oʻtiradi. Uning nazarida, otasidan meros boʻlib qolgan ulus kichkinadek koʻrinadi: 1236 yilda buyuk lashkarini ergashtirib Urol togʻlaridan oshib oʻtadi va Edil boʻylaridagi bulgʻorlarni yanchib tashlaydi, Vladimir, Ryazan, Moskva knyazliklariga hujum qiladi. Yetti yil mobaynida Kiyev, Polsha, Mojoriston, Moldova, Chexiya ishgʻol etiladi. Irtishdan to Dunayga qadar boʻlgan bepoyon oʻlkalarda moʻgʻillar saltanati oʻrnatiladi.

Aytmatov. Oʻsha muzaffar yurishlardan soʻng Botuxon Oltin oʻrda poytaxtini Saroydan Edil boʻylariga — Saroy Berkaga koʻchiradi. Orol dengizining sharqiy va shimoliy tomonlaridagi oʻlkalarni akasi Oʻrda Yejen ixtiyoriga topshiradi. Yangi xonlik Oq Oʻrda deb ataladi. Oʻsha dengizning janubiy tomonlarini esa ukasi Shayboqxonga topshiradi va uni Koʻk Oʻrda deb ataydi.

Shoxonov. Ha, tarixiy haqiqat xuddi shunday. Lekin, hozir men boshqa gapni aytmoqchiman. Botuxon qipchoq ulusining hukmdori boʻladi. Qoʻtonxon esa moʻgʻillarga qarshi kurashni davom ettiraveradi; goh yengiladi, goh gʻolib keladi. Lekin, eng oxirgi hayot-mamot jangi rus tuprogʻida roʻy beradi. «Lavrentiy solnomasi»da qayd etilgan soʻzlarni ham u xuddi oʻsha paytlari aytgandi. Chunki Qoʻtonxon moʻgʻillarning shafqatsizligini, qonxoʻrligini oʻz koʻzlari bilan koʻrgandi. Oʻz kuyovi Mstislav Udolim bilan hamkorlikda bosqinchilarga qarshi muvaffaqiyatli qarshi kurash olib borayotgan boʻlsa-da, ammo boshqa knyazlar bilan til topisholmaydi. Dushman nihoyatda yaqinlashib qolgan paytda Mstislav Romanovich sotqinlik qiladi. Natijada rus tuprogʻi gulxan ichida qolib ketadi. Qora chumoliday oʻrmalab kelayotgan son-sanoqsiz moʻgʻil lashkari birin-ketin knyazliklarni yanchib oʻtaveradilar. Yoʻlda uchragan shahar va qishloqlar kul tepaga aylantiriladi. Odamlarning qonlari daryo boʻlib oqadi, jasadlar togʻ boʻlib uyulib ketadi. Buyuk mutafakkir L.N. Gumilyovning yozishicha, «bu janglarda rus askarlarining toʻqson foizi qirilib bitadi».

Oʻsha qirgʻin barot jangdan omon-eson qutilib chiqqan Qoʻtonxon bilan Mstislav Udolim orqadan ta’qib etayotgan dushmanga qarshilik koʻrsatib, asta-sekin chekinaveradilar va nihoyat, Dnepr daryosini kechib oʻtadilar. Yov ta’qibiga barham berish niyatida sohildagi barcha qayiqlarni yoqib yuboradilar. Moʻgʻillar ularni qadamma-qadam quvib kelardi. Qoʻtonxon Novgorodda ta’qibdan butunlay qutilib, Kiyev tarafga ot suradi. Rus knyazliklarini birin-ketin tor-mor etgan Botuxon 1238 yili Kozelsk ostonasida yana tagʻin Qoʻtonxon bilan yuzma-yuz toʻqnashadi. Qipchoqlarning sarkardasi yangi lashkari bilan yovni kutib turardi: maydonda ochiqchasiga jang boshlanadi.

Kuchlar nisbati barobar emasdi. Qoʻtonxon oʻz lashkarini yov tomonidan butunlay yanchib tashlanishiga imkon bermasdan asta-sekin chekinib, nihoyat, Mojoristonga kirib boradi... Polyaklaru olmonlaru mojorlaru xorvatlardan iborat ittifoqchilar qoʻshinini tor-mor etgan moʻgʻil lashkari ham gʻolibona odimlar bilan Mojoristonga kirib boradi. Lev Gumilyov oʻzining «Qadimiy Rus va Buyuk Sahro» nomli kitobida Qoʻtonxonning keyingi mashaqqatli, kurash va xiyonatlarga toʻliq hayoti toʻgʻrisida batafsil hikoya qiladi.

«Bela IV qipchoqlarning Qoʻtonxon boshchiligidagi oʻrdasini qabul qiladi. Shartnomaga koʻra, qipchoqlar katolik ibodatxonasida choʻqinadilar. Ular qirolga boʻysunadigan qudratli kuchga aylanadilar. Biroq, qirol hokimiyatining mustahkamlanishidan tashvishga tushib qolgan mojor zodagonlari Peshta shahrida Qoʻtonxonni va boshqa sarkardalarni xiyonatkorona qatl etadilar. Bu voqeadan xabar topgan qipchoqlar qoʻzgʻolon koʻtarishib, Bolqonga ketadilar».

Qonir Ishtvan Mondoqiy aytgan Bolqon togʻlari aynan qipchoqlar bosh olib ketgan goʻsha edi.

Yetti asr muqaddam yov bosqini natijasida oʻz yurti-dan bosh olib ketgan bizning qondoshlarimiz oʻzga yurtlardan panoh izlashga majbur boʻladilar. Hozir ular Mojoristonda yashaydilar. Ular to XVIII asrning oʻrtalarigacha oʻzlarining qipchoq tillarini, urf-odatlarini, an’analarini, milliy turmush tarzini saqlab qoladilar. Lekin, vaqtni toʻxtatib boʻladimi? Vaqtning ustidan hukm oʻtkazib boʻladimi? Shu kunlarga qadar oʻzlarini madiyorlar deb ataydilar; qipchoq ekanini unutmaganlar, asil vatani Dashti Qipchoq ekanini juda yaxshi biladilar. Masalan, ular eski qipchoq hisobi boʻyicha oʻngacha sanashni biladilar: bir raqamini «bilov», ikki raqamini «ikov», oʻn raqami «oymaq», oʻn bir raqami «qarali jumbaq» deyiladi. Hozir ham yosh bolalar mana shunday hisob-kitob asosida sanoqqa oʻrgatiladi. Buning sababi ma’lum, albatta. Oʻz yerlarini «Ulken Qipchoq» deb ataydilar. Yana-tagʻin, «Kichik Qipchoq» ham deydilar. Ular qahramon bobolari nomida barpo etgan shaharni Qoʻton — Kotan deb ataganlar.

Qoʻtonxon mana shunday yashab oʻtadi, mana shunday kurashadi. Oʻz xalqining ozodligi, mustaqilligi uchun eng soʻnggi nafasiga qadar kurash olib borgan yovqur bobomiz inson bu dunyoga nima uchun kelib-ketishini hayoti misolida isbotlab beradi. Taqdiri azal shunaqa ekan.

Aytmatov. Oltin Oʻrda xiyla kuchsizlanib qolgani tufayli Kulikov maydonidagi jangda magʻlubiyatga uchraydi. Biroq uzil-kesil tarix sahnasining tark etishiga sabab — Oʻrda bilan Amir Temur davlati oʻrtasidagi qarama-qarshilikdir. Amir Temur donoligi, olijanobligi bilan dong taratgandi. U davlat arbobi sifatida san’at, ilm-fan ahlini davrasiga chorlaydi, ularga homiyliq qiladi. Oʻzining qarindoshi boʻlmish Toʻxtamishxon ustiga 1391 va 1395 yillarda ikki marta qoʻshin tortib boradi. Shundan soʻng Temurga qoʻshni boʻlgan Oq Oʻrda davlati parchalanib ketadi. Zamonaviy tarixchilar ham buni yaxshi biladilar.

Shoxonov. Temurning ikki yurishidan keyin rus knyazliklari ozodlikni qoʻlga kiritadilar: uch yuz yil davom etgan moʻgʻillar zulmidan xalos boʻladilar. Ikkinchidan, oddiy xalq ham moʻgʻil zodagonlarining zulmidan ozod boʻladi.

Boshqa nuqtai nazardan qaralsa, Gʻarbdagi temir darvozalar buzib tashlangach, Qozon, Astroxon, Qrimda yashaydigan turkiy xalqlar moʻgʻillar zulmidan qutilib, mustaqillikka erishadilar.

Oʻrta asrlarda Oltin Oʻrda xonligi Osiyo va Yevropadagi eng kuchli, yirik davlatlardan biri edi. U Gʻarb bilan Sharqni bir-biriga bogʻlab turardi. Yana bir tarixiy haqiqat shundan iboratki, mana shunday qudratli davlatni Amir Temur Taragʻay bahodir yer bilan yakson etib yuboradi. U qoʻshni Xorazm ustiga ham qayta-qayta qoʻshin tortib boradi; koʻhna Urganchning kulini koʻkka sovuradi; Yildirim Boyazidni tiz chuktiradi; Eron va Hindistonni zabt etadi...

Amir Temur zamonida betimsol maqbaralar, machitlar, saroylar barpo etiladi. Turkistonda Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi qad koʻtaradi, Samarqandda ajoyib me’morchilik yodgorliklari bunyod etiladi.

Turkiy xalqlar endigina birlashib yagona davlat — oʻrda boʻlib uyushgan paytda, hududiy jihatdan ham, kuch-qudrati jihatidan ham Yevroosiyoga barobar Oltin Oʻrda tanazzulga yuz tutadi. Taniqli qozoq yozuvchisi Muxtor Mogʻovin turkiy xalqlarning keyingi taqdiri, taqsimot toʻgʻrisida quyidagilarni yozadi:

«Edil daryosi sohillarida, eski bulgʻor davlati oʻrnida yangi Qozon xonligi paydo boʻladi.

Edil daryosining quyi oqimida Hoji Tarxon (Astroxon) xonligi vujudga keladi.

Qora dengiz boʻylarida Qrim xonligi paydo boʻladi.

Edil bilan Yoyiq oʻrtasida Noʻgʻoy Oʻrdasining bayrogʻi koʻtariladi.

Sibirda Sibir xonligi paydo boʻladi.

Koʻk Oʻrda oʻrnida Qozoq xonligi paydo boʻladi.

Edil va Don daryolari oraligʻida Ulugʻ Oʻrda paydo boʻladi.

Shunday qilib, ikki asr mobaynida turkiy xalqlarning tayanchi va markazi boʻlib kelgan Oltin Oʻrda yetti qismga parchalanib, tarix sahnasidan tushib ketadi».

Koʻk Oʻrda oʻrnida paydo boʻlgan Qozoq xonligi sezilarli darajada kuchayib, Tavakkal xonlik qilgan davrda mustaqil davlat boʻlib oladi. Aynan oʻsha davrda Oʻroz Muhammad ruslarga asirga tushib qoladi. U Oʻndon sultonning oʻgʻli, Shigʻayxonning nabirasi edi. Shigʻayxon esa Tavakkalning akasi boʻlardi. Oʻroz Muhammadning tarjimai holida diqqatga sazovar boshqa bir jihat shundan iboratki, asirlikning ogʻir kunlarini boshidan kechirgach, oxir oqibat u Moskva knyazligidagi hurmat-e’tiborga loyiq zotlardan biriga aylanadi va rus lashkariga qoʻmondon boʻlib, Qosimxon (Karmanxon) davlatiga qarshi jang qiladi. Bu haqda M. Mogʻovin ikki kitobdan iborat «Alasapiron» («Dolgʻali davr») nomli roman yozgan. Shunday qilib, rus tarixidagi qahramonlardan bittasi qozoq oʻgʻloni boʻlib, u oʻz jasorati bilan mashhur edi. Oradan besh asr oʻtgach, roman sahifalarida bizning kunlarimizgacha yetib keladi.

Aynan oʻsha yurishdan soʻng Oltin Oʻrdaning poytaxti boʻlmish Berka shahri shafqatsizlarcha talon-taroj qilinadi va yoqib yuboriladi (hozir oʻsha hudud Rossiyaning Astroxon viloyati qaramogʻida boʻlib, Oqtepa daryosidan uncha olisda emas). Xullas, Dashti Qipchoqning gʻarbiy chegarasidagi eng goʻzal va boy-badavlat shaharning kuli koʻkka sovuriladi. Uning xarobalari qum ostida qolib ketgan. Oradan bir yarim asr vaqt oʻtgach, shahar xarobalarining oq toshlarini rus savdogarlari Hoji Tarxonga (Astroxon) keltiradilar va kichik Kreml qurilishiga ishlatib yuboriladi. Bir paytlar uchta davlatning (Oq Oʻrda, Koʻk Oʻrda, Oltin Oʻrda) poytaxti boʻlgan oʻsha shahar xarobalarini shu paytgacha hech kim oʻrganmadi. Oʻtmishni xalqqa qaytaradigan, yoʻqolgan tarixiy xotirani tiklashga qodir boʻlgan qadimshunoslar, afsuski, bizning oramizda yoʻq ekan. Qolaversa, Oltin Oʻrdaning poytaxti boʻlgan Berka shahrining xarobalarida bitmas-tuganmas boylik yashirinib yotgan boʻlishi ham mumkin. Bu shahar qoldiqlarini tarixiy-madaniy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olish toʻgʻrisida Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston respublikalarining hukumatlari oʻylab koʻrsalar chakki boʻlmasdi.

Biz bu yerda nima qilish haqida bosh qotirib oʻtirgan paytimiz kimlardir gʻarazli maqsadlarni koʻzlab shahar qoldiqlarini agʻdar-toʻntar qilayotir; topilmalarni qonunsiz ravishda oʻzlashtirib olayotir. Unday kimsalarni tarix ham, kelajak ham mutlaqo qiziqtirmaydi.

Taxminan, oʻn yilcha muqaddam qadimiy Berka shah-rida olib borilgan oʻzboshimcha qazilma ishlarida ish-tirok etgan bitta yigit bilan tasodifan gaplashib qolgandim. Oʻsha yigit bunday degan edi:

— Har bahorda yoki kuzda ketmon, belkurak olib, eski shaharni kavlagani boramiz. Shahar xarobalari atrofida qadimiy idish-tovoqlarning siniqlari, taqalar, uzangilar, siniq kamon oʻqlari sochilib yotibdi. Oyoq qoʻygani joy yoʻq. Ayniqsa, bu yil omadimiz keldi. Biz shahar markazini topdik deb oʻyladik. Kavlay boshladik. Katta koʻzaga duch kelindi. Uning ogʻzi mahkam berkitilgandi. Juda xursand boʻlib ketdik. Ichida juda katta boylik boʻlsa kerak deb oʻyladik-da! Koʻzaning kattaligi odam boʻyli edi. Ogʻzi mahkamlab qoʻyilgandi: ichida tillo tangalar boʻlsa kerak deb, asta-sekin ochdik. Qarasak, ichkarisidagi yon tomonlariga arab imlosida yozilgan qandaydir yozuvlar bor ekan. Koʻzani yasagan usta yozuvni ham oʻz qoʻli bilan yozgan boʻlsa kerak. Biz koʻzani koʻtarib turib yerga urdik; parcha-parcha boʻlib ketdi va ichidan sargʻarib qolgan bosh chanoq chiqib qoldi. Bu kimning boshi ekanini biz qayoqdan bilamiz?! Axir, biz tillo qidirayotgandik. Hafsalamiz pir boʻldi. Bosh chanoqni bir chuqurlikka otib yubordik-da, kavlashni davom ettirdik. Bir haftadan soʻng qandaydir yozuvi boʻlgan oltin muhr va kumush kosa topib oldik.

Oʻsha buyumlar bita odamning suyaklari yonidan topildi. Suyaklar oqarib ketgandi. Odatda, biz topilmalarni Astroxon bozorida sotamiz. Kavkazdan kelgan bitta qoʻmiq chol muhrdagi yozuvni oʻqib koʻrdi-da: «Iye, axir bu Botuxonning muhriku!» deb qichqirib yubordi. U muhrni oʻpib, peshonasiga surtib oldi. Soʻng biz soʻragan narxni toʻlab, oʻsha muhr bilan kumush kosani sotib oldi. Hatto biz soʻragandan ham koʻproq pul berdi...

Oʻylaymanki, biz qanday boylikdan mahrum boʻlganimiz oʻz-oʻzidan tushunarli boʻlsa kerak. Oʻsha yigit koʻzimga toʻngʻizdan battar yomon koʻrinib ketdi. Uning yonida bemalol oʻtirib, bemalol nafas ololmay qoldim.

Ulugʻ rus shoiri A.S. Pushkin bogʻda Anna Kern bilan sayr etib yurgan chogʻda ma’shuqasi bitta toshga qoqinib toʻshadi; shoir uyiga qaytayotib oʻsha toshni olib keladi va ijodxonasidagi stol ustiga qoʻyib qoʻyadi. Hozir oʻsha oddiygina tosh bebaho tarixiy javohir sifatida, bebaho tarixiy xotira sifatida hamon shoirning ijodxonasida turibdi... Biz-chi? Biz nima qilyapmiz?!

Koʻzadagi bosh kimniki edi? Boshni kim koʻzaga yashirib qoʻyadi? U qaysi xonning, qaysi botirning boshi edi? Agar koʻzadagi yozuvni oʻqiganimizda qanday jumboqqa javob topgan boʻlardik, qanday sirning yechimini topar edik?

Aytmatov. Bizning xalqimiz taqdirida, tarixida noaniq, noma’lum sahifalar juda koʻp. Sen aytgan gaplardan ham koʻrinib turibdiki, ayrim kimsalarning johilligi tufayli oʻshanday oq dogʻlar sirligicha qolib ketayotir. Ehtimol, tariximizning oltin sahifalari oʻzboshimcha «qadimshunoslar»ning sa’y-harakatlari kasridan butunlay yoʻqolib ketayotgan boʻlsa-da ajab emas.

Xalqimiz boshiga misli koʻrilmagan musibatlar keltirgan Chingizxon bosqini davrida turklarning koʻplab urugʻlari, qabilalari moʻgʻil lashkarining tazyiqi ostida Oʻrta Osiyoni tark etishga majbur boʻladi. Ular Kichik Osiyoga qadar chekinib boradilar va saljuqiylar sultonining qoʻl ostidan panoh topadilar. Turklar yoʻlboshchisining ismi Usmon edi, ularni ham Usmonli turklar deb ataydilar. Aynan oʻshalar hozirgi Turkiya davlatiga asos soladilar. 1299 yili oʻsha qabilalar mustaqillikka erishib, saljuqiylar sultonligidan ajralib chiqadilar va oʻzlarining davlatini barpo etadilar. Xalq farovonligini oʻylaydigan, bu yoʻlda tinimsiz kurash olib boradigan Usmon bey etib saylanadi.

Shoxonov. Bir paytlar Turonzamindan, Turkistondan chiqib ketgan oʻsha xalq tarixi sinchiklab koʻzdan kechirilsa, ularning boshidan ne-ne musibatlar kechganini koʻrish mumkin. Toki Turkiya davlatiga Kamol Otaturk rahbar boʻlguncha ular koʻplab qonli toʻqnashuvlarga duch keladilar. Nafsilambirini aytganda, yovqur tabiatli usmonli turklar koʻplab harbiy harakatlarda qatnashadilar, ba’zi urush-janjallarga oʻzlari sababchi boʻladilar. Masalan, 1326 yilda ular Vizantiyaning eng katta Bruss shahrini bosib oladilar va bu shaharni oʻzlarining poytaxtiga aylantiradilar. Soʻng davlat chegaralarini Marmar dengizi tomon kengaytirib, yoʻllarida yashayotgan xalqlarni boʻysundirib boradilar. Keyinchalik Qora dengizdan oʻtadilar; otlarining tuyoq tovushlari Bolqonda eshitila boshlaydi. Serblarni, bulgʻorlarni boʻysundiradilar va Mojoriston chegarasiga yetib boradilar.

Aytmatov. Oʻzing ham bilsang kerak, 1389 yilning 15 iyun kuni Kosov maydonida turklar bilan serblar oʻrtasida qonli jang boʻlib oʻtadi. Oʻsha jangda turk sultoni Murod gʻalabaga erishadiyu natijada Serbiston Turkiyaning vassali boʻlib qoladi. Bu gaplarni nima uchun aytyapman? Bolqon yarimorolida yashaydigan xalqlarning ogʻzaki ijodida «Kosov maydonidagi Murod» nomli tarixiy qoʻshiq bor. Bu qoʻshiqni hamon aytib yuradilar. Qoʻshiqqa ajoyib kuy bastalangan. Qoʻshiqning hajmi katta emas. Tarixiy adabiyot namunasi sifatida, aytaylik, «Igor jangnomasi» kabi muhim ahamiyatga ham ega emas. Shunga qaramasdan, unda nihoyatda muhim tarixiy voqealar bayon etiladi. Badiiy jihatdan ham yuksak darajada yaratilgan.

Shoxonov. Turklarning yoʻlboshchisi sulton Murod davlat chegaralarini kengaytirish maqsadida oʻz lashkari bilan Dunay daryosiga qadar boradi va navbatdagi yurish paytida Varna shahrida chexlar bilan mojorlarning qoʻshma qoʻshiniga toʻqnash keladi. Dovyurak, oqil sarkarda oʻsha toʻqnashuv chogʻi koʻp sonli dushman lashkarini yanchib tashlaydi. 1475 yili turklar Qrimni ishgʻol qiladilar.

Usmonli turklarning lashkari Yevropaga yurish qilgan davrlarda Bolqon xalqlari orasida boshqalardan koʻra serblar koʻproq zarar koʻradilar. Doimiy hujumlardan charchagan, urush oqibatidan tashvishga tushib qolgan serblarning podshosi Stefan Doʻshan 1349 yilda oʻz xalqi oʻrtasida yangi qonun joriy etadi. Bu xuddi Tovqaxonning «Jetti Jargʻa» qonunlar majmuasiga oʻxshardi. Stefan Doʻshan tuzgan qonun 201 moddadan iborat edi. Jumladan, oʻsha qonunning yigirma birinchi moddasida bunday deyiladi: «Kimki oʻzining nasroniy e’tiqodini oʻzgartirib, boshqa dinni qabul qilsa, xiyonatkor kishining qoʻllari bilan tili kesiladi».

Bu qonun mamlakatni bosqindan asrab qolish uchun qilingan majburiy chora-tadbirlardan bittasi edi. U hech qanday murosasozlikka oʻrin qoldirmasdi.

Aytmatov. Stefan Doʻshan halol, adolatli podsho boʻlgani bois mayda-chuyda hokimlar oʻrtasidagi ixtiloflar barham topadi va xalq birligi vujudga keladi. Odamlarda bir-biriga nisbatan ishonch paydo boʻladi, tartib-intizom oʻrnatiladi.

Podsho oʻz qoʻli bilan: «Kimki oʻzining ota-onasini, aka-ukasini, opa-singlisini yoki bolalaridan birini oʻldirsa, unday kimsa gulxanda kuydiriladi», deb yozadi. Bu soʻzlar ham yuqorida aytilgan mulohazalarni tasdiqlaydi.

Shoxonov. «Buyuk Rus boʻylab men haqimda xabar tarqalajak», deb yozgandi bir paytlar A.S. Pushkin. 1833 yilning kuzida u oʻz joyida Pugachyov qoʻzgʻolonining tafsilotlarini oʻrganish maqsadida Peterburgdan Orenburg tomon yoʻl oladi va Orenburgdagi chegarachilar komissiyasi huzuriga yetib boradi. Oʻsha sayohat davomida unga adabiyotning bilimdoni, doʻsti, chegarachilar komissiyasining amaldori Vladimir Dal hamrohlik qiladi. Ular ot qoʻshilgan foytunda qozoq tuprogʻi boʻylab safarga chiqadilar. Yoyiq (Uralsk) shaharchasiga yetib boradilar. Ulugʻ shoir Oʻrol sohilida uch kun boʻladi: Pugachyov qoʻzgʻoloniga aloqador joylarni koʻzdan kechiradi, qoʻzgʻolonchilar qurol-yaroq yasagan temirchilar ustaxonasini borib koʻradi, Pugachyovning kenja xotini boʻlmish Ustinaning uyiga tashrif buyuradi, keksalar bilan gaplashadi.

Aytmatov. Oʻsha safardan soʻng Aleksandr Sergeevich «Kapitan qizi» nomli qissa yozadi. Eng qizigʻi shundaki, bosh qahramon boʻlmish kapitan Mironovning bolaligi Oʻrol sohillarida kechadi; buyuk rus masalchisi Ivan Krilovning otasi esa oʻsha qahramonning prototipi boʻlgan ekan. Pushkinshunoslar keyinchalik shunday xulosaga keladilar.

Shoxonov. Oʻsha yili taniqli qozoq oqini Mahambet Utemisov Pushkin bilan uchrashadi. Keyin u 1833 yildan 1838 yilgacha davom etgan Boʻka Oʻrdasidagi mustamlakachilikka qarshi qoʻzgʻolonga rahbarlik qiladi. Mahambet oʻzining Nursulton ismli oʻgʻlini Orenburg korpusiga joylashtirish uchun hujjatlarini rasmiylashtirish maqsadida Uralsk shaharchasiga boradi. Uning yonida Jonkishi degan sahroyi qoʻshiqchi-aytimchi ham bor edi. Pushkin bilan Mahambetni bir-biriga V.I. Dal tanishtirib qoʻyadi. Mahambetni Dal koʻpdan beri tanirdi (arxivlarda Mahambetning Dal nomiga yoʻllagan ikkita maktubi bor). Oʻsha uchrashuv paytida Pushkin aytimchining ogʻzidan «Qoʻzi Koʻrpesh — Boyon Suluv» nomli ishqiy dostonni yozib oladi.

Oradan 150 yil vaqt oʻtgach, «Russkiy vestnik» jurnalidan oʻsha tarixiy hodisaga tegishli ma’lumot topildi. Bu sohada muhim yangilik kashf etildi. Keyin «Yulduzlar toʻkilgan zamin» nomli badiiy asar yozildi. Mana shu ishlarni amalga oshirgan iqtidorli yigit Rahimjon Oʻtarboyevni Siz yaxshi taniysiz. Hozir u bizning elchixonamizda ishlaydi. Qirgʻizistonga kelgan paytidan beri «Abutolib afandi», «Abay — hakam» nomli ikkita pesasi sahnaga qoʻyildi va tomoshabinlarning olqishiga sazovar boʻldi. «Abay — hakam» spektaklini koʻrganingizdan soʻng Siz ham bu toʻgʻrida ijobiy fikr bildirdingiz. Shaxsan oʻzim iqtidorli bu yigitdan hali koʻp narsalarni kutaman.

Moskvadagi Pushkin muzeyida «Qoʻzi Koʻrpesh — Boyon Suluv» dostonining sakkiz sahifasi bor. Bu muzeyning eng bebaho eksponatlaridan hisoblanadi. Shoir qozoqlarning dostoni ruhida keng qamrovli she’riy roman yozmoqni koʻngliga tugib qoʻygandi. Lekin rejasi amalga oshmay qoladi.

Aytmatov. Diqqatga sazovar hodisa ekan.

Shoxonov. Yoyiq daryosi qanday qilib Urol deb nomlangani toʻgʻrisida uch-toʻrt ogʻiz gapirmoqchiman. Yemilyan Pugachyov aynan mana shu daryoning qirgʻoqlarida oʻz kuchlarini bir joyga toʻplaydi. Ma’lumki, XVIII asrda chor Rossiyaga qarshi bundan kuchli qoʻzgʻolon boʻlmaydi. Ular Rossiya saltanatini larzaga keltirib yuboradi. Qirolichani qoʻrqitib yuborgan narsa shundaki, qoʻzgʻolonchilar safida rus dehqonlari bilan Yeyiq kazaklaridan tashqari, juda katta miqdordagi boshqird, tatar, qozoq kambagʻallari ham boʻladi. Pugachyov sotqinlik natijasida asir olingach, qoʻzgʻolonchilar shafqatsizlik bilan jazolanadilar. Soʻng Rossiya ma’murlari Yoyiq daryosining nomini xalq xotirasidan butunlay oʻchirib tashlashga qaror qiladi. Qirolicha Yekaterina II daryo nomini eshitsa — bas, shaytonlab qolardi. Qirolicha maxsus farmon bilan Yoyiq nomini oʻsha atrofga yaqin boʻlgan Oʻrol togʻi nomiga almashtiradi.

Qadim zamonlarda oʻsha daryo sohillarida insoniyat tarixidagi paygʻambarlardan biri Zardoʻsht dunyoga kelgandi. Endi boʻlsa, bu daryo oʻz nomini majburan oʻzgartiradi va Urol deb ataladi. Biroq, qozoqcha soʻylaydigan kishilar hamon daryo nomini Yoyiq deb aytadilar.

Totalitar tuzum hukm surgan davrda koʻplab xalqlar, el-elatlar oʻzlarining oʻtmishini, tarixiy xotirasini deyarli boy berdilar. Hamma balo shundaki, turkiylar, oʻzlarining tarixini oʻzlari yozmaydilar, balki boshqalar oʻz tarixiga monand ravishda turk xalqlarining tarixini ham qogʻozga tushiradilar. Bir xalq boshqa xalqni yaxshi yoki yomon koʻradi, hatto koʻrgani koʻzi yoʻq boʻladi, ehtimol, qoʻrqishi mumkin. Tarixiy ma’lumotlar ham aynan mana shu nuqtai nazardan talqin etiladi. Demak, yolgʻon bilan rost qorishib ketadi. Shukrki, turkiy xalqlar tarixi bilan haqiqiy olimlar ham mashgʻul boʻladilar. Ular arab, fors, xitoy, rus, ingliz, olmon tillarida yozilgan birlamchi manbalarni sinchiklab oʻrganadilar va tirnoqlab toʻplangan tarixiy ma’lumotlarni oʻzaro muqoyasa qilishib, yirik asarlar yaratishadi. Ayniqsa, ular orasida A. Levshinning «XIX asrdagi qirgʻiz-qozoq yoki qirgʻiz-qaysaq oʻrdalarining ahvoli», L. Gumilyovning «Buyuk Turk qogʻonoti», «Koʻk turklar va Uygʻur qogʻonoti», N. Bichurinning «Yenisoy qirgʻizlari», «Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston tarixi», V. Radlovning «Qadimiy moʻgʻil-uygʻur, Urxun-Yenisoy yozuvlari», S. Malovning «Qadimiy turklarning yozuvi», N. Aristovning «Turkiy xalqlar va qabilalar», V. Bartoldning «Oʻrta Osiyo va Turkiston tarixi» kabi asarlar halol yozilgan va xalqlarimiz uchun foydalidir.

Koʻp yillardan buyon qozoqlarning yetakchi olimlaridan biri, akademik Alikey Margʻilon ham mana shu sohada samarali mehnat qilayotir. U milliy tariximizga munosib hissa qoʻshdi. Bundan tashqari, Q. Aqishev, M. Quziboyev, M. Qodirboyev, S. Oxunjonov, L. Yerzakovich, A. Omonjoʻlov, M. Mogʻovin, A. Darveshaliyev, «Qozoqlar» nomli tarixiy trilogiyaning muallifi Q. Solgʻarin singari tadqiqotchilar ham tarix ilmining rivojlanishiga salmoqli ulush qoʻshdilar. Yozuvchi T. Jurtboyev esa turkiy xalqlarning umumiy qahramonlari, yoʻlboshchilari toʻgʻrisida juda katta tarixiy davrni qamrab olgan diologiya yaratdi. Tarix va qadimshunoslik fani sohasida Vahob Shalekenov, Karl Boypaqov, Boʻlat Qumaqovlar ham fidokorona mehnat qildilar.

Shuningdek, hali hech kim tadqiq etmagan tarixiy yoʻllarni oʻrganayotgan, oq dogʻlarning oʻrnini toʻldirishga intilayotgan qirgʻiz tarixchilarining xizmatlari ham tahsinga loyiqdir. A. Tinibekov, E. Siddiq oʻgʻli, X. Qarasayev, K. Yudaxin, B. Jomgerinov, Q. Usanboyev, A. Botmonov, O. Qorayev, V. Ploskix, V. Mokrinin, Ch. Umaraliyev, A. Umaraliyev, Q. Eson oʻgʻli, T. Beyshanaliyev kabi tadqiqotchilar bu sohada sabot-matonat bilan izlanishlar olib borayotirlar. Ular bir qator yangi gʻoyalarni ilgari surishib, tarixiy tafakkur ufqlarini xiyla kengaytirdilar.

Aytmatov. Masalan, Yaponiyada maktab oʻquvchilari xalq tarixi, adabiyoti, madaniyati, musiqasi, oʻymakorlik san’atiga doir har qanday savolga bemalol javob qaytara oladilar. Chunki, shu sohalar maktabda boshqa fanlar qatorida oʻqitiladi. Bolalar yoshlik paytidan e’tiboran oʻz xalqi tarixiga aloqador narsalarni koʻproq bilishlari kerak. Shunda oʻquvchilar boshqa xalqlar tarixini ham osonroq oʻzlashtiradilar. Bizda esa hammasi teskari: bizning oʻquvchilarimiz Lyudoviklar, Vilgelmlar tarixini tong otguncha gapirib berishlari mumkin, ammo gap oʻzlarining tarixiga kelib taqalsa, yerga qarab miq etmay turaveradilar. Negaki, bu borada faqat taxminiy tushunchalarga ega, xolos. Xudoga shukrki, keyingi yillarda bu kasallikdan ham qutilib borayotirmiz.

Shoxonov. Moʻgʻil bosqini va hukmronligi natijasida Yettisuv bilan Janubiy Qozogʻiston xoʻjaliklarining iqtisodiy asoslari batamom izdan chiqib ketadi. Chingizxon lashkari dehqonchilikka moslashgan viloyatlarni yakson qiladi, qarshilik koʻrsatgan shaharlarning kulini koʻkka sovuradi, xoʻjaliklarga, iqtisodga, madaniyatga, turmushga misli koʻrilmagan zarar yetkazadilar, mamlakatni bosib oladilar. Lekin, vaqt oʻtishi bilan hayot yana iziga tushib ketadi. Chunki, bu yerlar Oltin Oʻrda davlatining tarkibiga kiradi. Boz ustiga, XIII—XIV asrlarda Oltin Oʻrda Sharq va Gʻarbning koʻproq taraqqiy etgan mamlakatlari, Hindiston, Misr bilan savdo-sotiq aloqalarini yoʻlga qoʻyadi. Asta-sekin Kichik Osiyo bilan Gʻarbiy Yevropa oʻrtasidagi karvon yoʻliga aylanib boradi. Ilgari ular faqat buzgʻunchilik bilan mashgʻul boʻlgan boʻlsalar, asrlar oʻtgach, Oltin Oʻrda hukmdorlari mahalliy aholi bilan chatishib ketadi, islom dinini qabul qiladilar, oʻzlari xalqni dehqonchilikka oʻrgatadilar, madaniyat va iqtisodning rivojlanishiga koʻmak beradilar. Aynan oʻsha paytlarda Oltin Oʻrdaning asosiy shaharlari boʻlmish Saroy Botu, Saroy Berka, Urganch, Sigʻnoq yirik savdo va madaniyat markazlariga aylanadilar, hunarmandchilik, san’at, adabiyot, madaniyat gullab-yashnaydi.

Aytmatov. Oʻsha davrni haqli ravishda Oltin Oʻrdaning «oltin asri» deb atash mumkin. Bu davrda turkiy xalqlarning yozma adabiyoti yetuk badiiy asarlar hisobiga boyidi. Xususan, Ali ismli shoir «Jusup haqida doston» (Injili sharifdagi Iosif-Yusuf toʻgʻrisida) yaratadi (1233 yilda). 1303 yilda mashhur «Humo qush qoʻshigʻi» yaratiladi. 1310 yilda esa Rabgʻuziyning «Anbiyolar qissasi» e’lon qilinadi. 1341-42 yillarda qipchoq shoiri Qutb «Xusrav va Shirin» dostonini yaratadi. 1357-yili Mahmud Qardariy «Naxji ul-faradis» nomli nasriy asar yozadi. 1359 yilda Sayfi Saroyi «Guliston bit-turkiy» asarini tamomlaydi. 1409 yilda Durbek oʻzining «Yusuf va Zulayho» dostonini tugatadi va alohida devon sifatida turkiy xalqlar orasida tarqalib ketadi. Bu asarlar keyinchalik qayta-qayta nashr etiladi va ilmiy, badiiy tafakkurning rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshadi. Shu paytgacha oʻz ahamiyatini yoʻqotgan emas.

Oʻrta Osiyo bilan Dashti Qipchoq moʻgʻil bosqinidan keyin oʻzini oʻnglay olmay yotgan bir davrda — XIII—XV asrlarda Italiyada Uygʻonish davri boshlanadi. Mamlakatda sanoat taraqqiy etadi, shahar aholisi koʻpayib boradi, kapitalistik ishlab chiqarishning ilk kurtaklari nishona beradi. Yevropadan olis Sharq mamlakatlariga yul oladigan karvonlar Italiyadan safarga otlanardi yoki Italiyaga qaytib kelardi. Qizgʻin savdo-sotiq, har tomonlama iqtisodiy aloqalar natijasida oddiy xalqning turmush darajasi xiyla yaxshilanadi, ular erkin nafas ola boshlaydilar; ilm-fanga, madaniyatga, san’atga, adabiyotga koʻproq e’tibor beriladi. Italiyadagi Uygʻonish davrining yuksak darajasini oʻsha davrda bunyod etilgan me’morchilik obidalari, muzeylar, naqshlar yaqqol dalolat berib turibdi. Inson dahosi tomonidan bunyod etilgan betimsol asarlar bu davlatda tinch-totuvlik, osoyishtalik, xursandchilik, murosa barqaror boʻlganidan guvohdir. Oʻsha asarlar dunyoning boshqa mamlakatlariga ham tarqala boshlaydi. Dunyoni qilich yoki nayzalar emas, balki san’at asarlari zabt etadi.

Oʻsha davrda qadimiy lotin mualliflarining asarlari til va uslub jihatdan batafsil tadqiq etiladi. Qadimiy Rim va yunon adabiyoti olimlarning sa’y-harakatlari tufayli insoniyatga qaytadan xizmat qila boshlaydi. Sitseron, Tit Liviy kabi qadimiy mualliflarning asarlarini toʻplab nashr qiladilar.

Italiyalik insonparvar Leonardo Bruno (1374— 1444) qadimiy yunon mutafakkirlari boʻlmish Arastu, Aflotun, Plutarx kabi mualliflarning asarlarini tarjima qilish, toʻplash, tiklash, nashr qilish ishlariga shaxsan bosh-qosh boʻladi.

Mashhur shoir Franchesko Petrarka (1304—1374) faqat qadimgi yozuvchilarning asarlarini oʻrganib, tahlil qilish bilangina shugʻullanib qolmasdan, ayni paytda ma’shuqasi Lauraga bagʻishlab goʻzal she’rlar yaratadi, his-tuygʻularini izohor etadi. Keyinchalik zamondoshlari Petrarka toʻgʻrisida: «Petrarka koʻrgan va oʻz she’rlarida tasvirlagan narsalarni, uning ilohiy nazari tushgan narsalarni hech kim koʻra olmaydi», deb yozgan edilar. Yevropa bilan Osiyoda avj olib ketgan urushlar nafaqat odamlarni, balki san’atni ham xarob qiladi.

Shoxonov. Oʻylaymanki, bizning qadimiy bobolarimiz ham dono, ma’rifatli boʻlganlar. Boshqalar oʻylaganchaliq yovvoyi, toʻpori boʻlmaganlar. Ona qornidan tushgan zahoti ketmonga yoki kurakka, qilich yo xanjar dastasiga yopishmaganlar. Turkiy xalqlarning madaniyati, ilm-fani koʻp asrlar mobaynida bir-birlari bilan musobaqa oʻynab rivojlangan. Vaqtlar oʻtib, boshqalardan orqada qolib ketganliklariga sabab muayyan shart-sharoitlar edi. Soʻng tarix xotirasini asriy changlar bosib qoldi. Masalan, bosqinchilik yoki mustamlakachilik asorati shular jumlasidandir. Ma’lumki, oʻrta asrlarda Qozogʻiston bilan Oʻrta Osiyo ilmiy kashfiyotlar, adabiy yangiliklar sohasida ilgʻorlar safida yurardi, boshqa davlatlarga nisbatan ancha ilgʻor edi. Oʻrta Osiyo mintaqasida yashaydigan olim va yozuvchilar oʻzlarining oʻlmas asarlari bilan jahon ma’naviyatiga misli koʻrilmagan hissa qoʻshadilar. Hozir oʻsha davrlarda bobolarimiz tomonidan yaratilgan koʻplab risolalar dunyo kutubxonalarining, arxivlarning faxri-iftixori hisoblanadi. Abu Rayhon Beruniyning guvohlik berishicha, hozir turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan mintaqada me’morchilik, haykaltaroshlik, oʻymakorlik san’ati gullab-yashnagan; ilm-fan, san’at kabi oʻziga xos yoʻldan ravnaq topgan.

Sharqning buyuk mutafakkiri, benazir tabib Abu Ali ibn Sino Buxoro madrasasida tahsil koʻrgan yillarini eslab bunday deydi: «Kunlarning birida hukmdordan kutubxonadan kitob olish uchun va olgan kitobimni qaytarib berish uchun ruxsat soʻradim. Hukmdor ruxsat berdi. Koʻp xonalardan iborat boʻlgan kutubxonaga kirdim. Har bir xonada kitob toʻla sandiqlar bor edi. Kitoblar bir-birining ustiga taxlanib qoʻyilgan ekan. Kitoblarning son-sanogʻi yoʻq edi... Men u yerda odamlar nomini ham eshitmagan kitoblarni koʻrdim; bunday kitoblarning borligini ilm ahli bilmasdi, noyob, hali oʻqilmagan, noma’lum kitoblar bisyor edi. Men bu kitoblarni mutolaa qildim, foydali bilimlarni oʻzlashtirib oldim. Muayyan kitobning muallifi qanday bilimga ega ekanini ziyraklik bilan kuzatdim, ilmga yangilik beradigan jihatlarini aniqlashtirdim».

Oʻn asr muqaddam qogʻozga tushirilgan jumlalarda buyuk ma’no, buyuk sir-asror yashirin. Shu bois ulugʻ mayparast shoir Umar Xayyom «Arifmetikaning mushkul masalalari» nomli ilmiy asar yaratganidan ajablanmasak ham boʻladi. Vaholanki, oʻsha ilmiy asarda Sharqning buyuk mutafakkiri Isaak Nyutondan besh yuz (500) yil muqaddam oʻn sonli raqamli masalalarni kasr vositasida hal etish nazariyasini tavsiya etgandi. Ulugʻbek esa Galileydan ancha ilgari Yer oʻz oʻqi atrofida aylanishini isbotlab bergandi. Beruniy sanskrit, fors, arab, ivrit, yunon va boshqa tillarni mukammal bilardi. U birinchi boʻlib dunyoning joʻgʻrofiy xaritasini yaratadi. Al-Forobiy esa tiriklik paytidayoq «Ikkinchi ustoz» (Arastudan keyin) unvoniga muyassar boʻlgandi. Ulugʻ olmon shoiri Gyote: «Sharqda yettita buyuk shoir bor. Ularning eng kuchsizi ham mendan ustun turadi», deb e’tirof etgandi. Bu e’tirof hayratlanish ham iftixor tuygʻusini ifodalaydi. Koʻrinib turibdiki, har bir zamonda koʻtarilish, yuksalish davri boʻladi.

Qolaversa, ayrim xalqlar urush-janjallardan bosh koʻtara olmay yotgan, atrofidagi dunyoni koʻrish uchun koʻzini ocholmayotgan paytlarda oʻrta asrlardagi Yevropa mamlakatlarida san’at, ilm-fan yuksak bosqichlarga koʻtarilgandi. Ular qudratli qanotlarini keng yozib, yuksak parvozlarga hozirlik koʻrardi.

Xususan, 1200 yili Fransiyada Parij universitetiga asos solinadi. Angliyada XIII asrda Kembrij, Oksford universitetlari, Ispaniyada Saloman universiteti, Italiyada Neapolitan universitetlari oʻz faoliyatlarini boshlaydi. XIV asrda Chexiyada Praga, Polshada Krakov, Olmoniyada Kyoln, Geydelberg, Erfurt universitetlari ish boshlaydilar. Bular butun insoniyat, madaniyat taraqqiyotiga xizmat qiladilar: odamlarning dunyoqarashini, olam va dunyoni tushunishini batamom oʻzgartirib yuboradi.

XV asrda Yevropada oliy ma’lumot beradigan oltmish beshta oʻquv yurti faoliyat koʻrsatadi. Aynan oʻsha zamonlarda asos solingan oliy oʻquv yurtlari, universitetlar hozir ham Yer yuzidagi barcha insonlarga ma’rifat tarqatmoqda.

Aytmatov. Adolat ham aynan shunda. Oʻz vaqtida munosib baholanmagan buyuk olim va yozuvchilarimizning asarlarini oʻrganib, tartibga keltirib nashr etish uchun ziyolilarimiz, jamoatchilik oldida qanchalik mas’uliyatli vazifalar turganini ta’kidlab oʻtirish shart boʻlmasa kerak. Qolaversa, har yili hech boʻlmasa bittadan Firdavsiy, Jomiy, Sa’diy, Fuzuliy, Umar Xayyom, Forobiy, Muhammad al-Xorazmiy, Narshaxiy, Abdulgʻaffor al-Boʻzjoniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon al-Beruniy, Yusuf Bolasogʻuniy, Mahmud Koshgʻariy, Rashidaddin, Abulgʻoziy Bahodirxon, Qodirgʻoliy Jaloyir kabi Sharqning buyuk mutafakkirlarining, muarrixlarining, faylasuflarining kitoblarini nashr etib turish zarurligi toʻgʻrisida gapirib oʻtirish shartmikan?! Biz xorijdagi ma’rifatparvarlardan behad minnatdormizki, ular yuqorida nomlari zikr etilgan allomalarimizning asarlarini alohida kitob holida nashr etdilar.

Biroq, bizda ayrim kamchiliklar borki, bu hol ishni davom ettirishimizga faqat xalaqit beradi, xolos. Hamma gap shundaki, bobolarimizdan qolgan meros har birimiz uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanini bilganimiz holda ularni oʻzimiz tomon tortqilashga harakat qilamiz. Afsuski, shunday an’ana mavjud. Biz negadir muayyan bir dahoning qayerda tugʻilganiga qarab turib, uning qaysi millatga mansub ekanini aniqlashga kirishamiz. Har bir tadqiqotchi uni oʻz tomoniga tortqilaydi. Shunday qilib, Ahmad Yassaviy qozoq boʻlib chiqadi, Mahmud Koshgʻariy — uygʻur, Yusuf Bolasogʻuniy — qirgʻiz, Muhammad al-Xorazmiy — oʻzbek va hokazo. Goʻyo ularning har bittasida bu haqda guvohnoma borday! Olimlar oʻrtasidagi shafqatsiz bahs-munozaralar goh kuchayib ketadi, goh soʻnib qoladi. Agar bizning ota-bobolarimizning shajarasi saklar davridan boshlangan boʻlsa, agar barcha xalqlar oʻshangacha turklar deb atalgan boʻlsa, demak, bizning buyuk bobolarimizning ijodiy meroslari ham Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston xalqlari uchun umumiy boʻlishi kerak. Agar bizning bobolarimiz Turkiston deb atalmish umumiy uyda yashagan boʻlsalar, bitta tilda soʻylashib, bitta tilda yozgan boʻlsalar, xoʻsh, nima uchun biz yoʻq joydan muammo chiqarib, boshimizni ogʻritishimiz kerak ekan?! Bunday asossiz bahs-munozaralarning kimga keragi bor?! Nima uchun boy va murakkab merosimizni birgalikda sinchiklab oʻrganish toʻgʻrisida hech kim gapirmaydi?! Nima uchun merosimizni har tomonga tortiqalishimiz kerak?! Buning oʻrniga, oʻsha ilmiy asarlarning asliyatini bir joyga toʻplab, turkiy xalqlarning umumiy merosi, tariximizning ajralmas qismi sifatida e’lon qilganimiz ming marta afzal emasmi?! Yoki bu hol imperiya davridan qolgan «boʻlib tashlab, hukmronlik qilaver!» degan gʻoyaning uzviy davomi boʻlyaptimi?! Nahotki, oʻsha kasofatga oʻzimiz ham mahliyo boʻlib qolgan boʻlsak?! Avvalombor, oʻsha kasaldan oʻzimiz xalos boʻlishimiz darkor!

Zotan, turkiy xalqlarning merosi umumiy ekanmi, demak, biz uchun, aytaylik, shoir Oqmullani boshqird ham, tatar ham, qozoq ham oʻziniki deb bilsin. Xoʻjayosh esa qirgʻiz bilan qozoqning shoiri boʻlgani kabi ayni paytda barcha turkiy xalqlarning umumiy shoiridir. Har bir xalqda boshqa tillarda ijod qiladigan adiblari bor. Ular hammaga barobar boʻlishi kerak. Axir, shunday oqilona yoʻl tutilsa, birorta xalqning adabiyoti yoki madaniyati kambagʻallashib qolmaydi, aksincha, faqat boy boʻlishi mumkin.

Zotan, oʻrta asrlardan soʻng bizning xalqlarimiz ajralib ketgan boʻlsalar, har biri oʻz holicha davlat qurgan boʻlsalar, lekin ungacha urf-odatlar, an’analar, til va din bir boʻlgan boʻlsa, demak xuddi bitta gazmolning parchalari kabi ulugʻ bobolarimizning merosi ham, nomlari ham barchamizga barobar boʻlishi lozim.

Shoxonov. Aytmoqchi, barcha turkiy xalqlar uchun barobar aloqador boʻlgan ulkan doston bor. Uning nomi «Qrimlik qirq botir» deb ataladi. Bu dostonda Oltin Oʻrda davrida yashagan qirq botirning qahramonliklari yorqin boʻyoqlarda, yuksak badiiy shaklda aks ettiriladi. Oʻsha ulkan dostonni faqat bir kishi — Murinjirov Sangirboyev nomi bilan mashhur boʻlgan qozoq oqini boshdan-oyoq yoddan bilardi. U oʻziga xos, noyob inson boʻlgan. Ulugʻ Vatan urushidan soʻng u Til va adabiyot institutining taklifiga koʻra, Olmaotaga keladi. Uning ogʻzidan «Qrimlik qirq botir» dostoni yozib olingan. Olti oy mobaynida har kecha-kunduz oʻsha dostonni aytib turgan, mirzalar peshma-pesh yozib olaverganlar. Lekin, baribir oxirigacha tugatishga ulgurmagan. Besh-oltita aytilmagan doston qolgach: «Nabiralarimni juda sogʻinib ketdim. Ularni koʻramanu darhol qaytib kelaman», deb oqin Mangʻishloqqa joʻnab ketadi. Uyiga borgach, kasal boʻladiyu olamdan oʻtadi. Oʻsha ajoyib adabiyot yodgorligining yozib olingan qismini ham shu paytgacha toʻlaligicha nashr etganimiz yoʻq.

Aytmatov. Turkiy xalqlar boshiga cheksiz musibat keltirgan Jungʻoriya davlati (uyratlar) Chingizxon vazifasini bajarmoqchi boʻladi. Biroq, zamon oʻzgarib ketganini, qarshilik kuchli boʻlishini inobatga olmaydilar. Birinchidan, Xitoy imperiyasi qarshisida yolgʻizlanib qoladilar: natijada «xitoy ajdari» uyratlar ittifoqini ham, toʻrgʻovlarni ham, durbutlarni ham, million-million qalmiqlarni ham yamlamay yutib yuboradi. Ikkinchidan, Chingizxon bosqini paytida turkiy xalqlar qayta shakllanish davrini boshidan kechirayotgan boʻlsalar, oradan besh asr oʻtib, jungʻarlar bostirib kelgan paytda bu xalklar oʻzlarining mustaqil davlatiga ega boʻlgan millat sifatida allaqachon shakllanib ulgurgandi. Ular millat sifatida oʻzlarini oʻzlari anglab, tanib boʻlgandilar.

Shoxonov. Jungʻoriya davlatini tashkil etgan uyratlar ikkinchi asrda Moʻgʻiliston dashtlaridan ketgan edilar. Chunki, Moʻgʻilistonda oʻsha paytlari misli koʻrilmagan xunrezlik boshlanadi. Uyratlar Olatov etaklariga, qirgʻizlar bilan qozoqlarning qavatiga koʻchib keladilar. Birmuncha vaqt shu yerda yashaydilar. Keyinchalik moʻgʻillar hukmronlikni qoʻlga olgach, qozoq va qirgʻiz qabilalarining tazyiqi bilan uyratlar oʻz yaylovlaridan mahrum boʻladilar. Ular mol-qoʻylarini boqishga joy topa olmaydilar, tashqi dunyo bilan savdo-sotiq qilishga ham ojiz boʻladilar. Chunki, nihoyatda kuchsizlanib qoladilar. Boz ustiga, XVI asrda boʻlgan navbatdagi harbiy toʻqnashuvda magʻlubiyatga uchragan uyratlar qozoq xonligi tarkibiga kiradilar, tobe boʻlib qoladilar. Rus podshosi Ivan Grozniy bilan uning Noʻgʻoy Oʻrdasidagi elchisi Daniil Gubin oʻrtasidagi yozishma ham shundan guvohlik beradi. Bundan tashqari, 1595 yilda qozoqlarning elchisi Qulmuhammadning Moskvadan sulton Oʻroz Muhammadga yoʻllagan maktubi ham shundan guvohlik berib turibdi: «Sening qarindoshing boʻlmish valiahd Tavakkal Qozoq Oʻrdasining xoni boʻldi. Oʻz ukasi Shohmuhammadni esa qalmiqlar ustidan xon etib tayinladi. Ular yonma-yon koʻchmanchilik qiladilar, doim birga yuradilar», deb yozadi oʻz maktubida.

Aytmatov. Tarixdan ma’lumki, uyratlar bilan qalmiqlarning qabilalari birlashib, 1635 yili oʻz davlatlariga asos soladilar. Bu davlatning nomi — Jungʻoriya edi. Ular xitoylaru qozoqlaru qirgʻizlarning oʻrtasida, togʻli-toshli oʻlkalarda xonlik barpo etishgandi. Endi unumdor yaylovlarga koʻchib oʻtish toʻgʻrisida bosh qotiradilar. Chunki, koʻp sonli mol-qoʻylarni boqish uchun serhosil yer kerak edi. Koʻp oʻylab oʻtirishmasdan, ellik ming nafar lashkar bilan qirgʻiz-qozoq hududiga bostirib kiradilar. Dastlabki toʻqnashuv Talas daryosi boʻylarida roʻy beradi. Oʻsha jangda oʻzbeklar lashkariga Oldishukur sarkardalik qiladi. Oʻzbek-qozoq-qirgʻizlardan iborat ittifoqchilar birgalikda dushmanga qaqshatgich zarba beradilar. Keyingi jang oʻzbeklar tuprogʻida, qozoqlarning janubiy chegarasidagi Sayram shahrida sodir boʻladi va qardosh xalqlarning qoʻshma lashkari yov ustidan yana-tagʻin gʻolib keladi.

Shoxonov. Jungʻoriyaning yaxshi qurollangan lashkari qozoqlar yurtiga yetti marta hujum qiladi. Ular poytaxt Turkistonni, Toshkentni, Sayramni, Sariarkdan to Edilgacha, Urolga qadar boʻlgan oʻlkalarni ishgʻol etadilar. Xalq boshiga misli koʻrilmagan darajada musibat keltiradilar. Mol-mulkidan ajralgan xalq halokat yoqasiga borib qoladi. Yovdan qutilish uchun duch kelgan tomonga, duch kelgan buyum-suyumni qoʻlga olib qochadilar. Koʻpincha odamlar ship-shiydam holda oʻz yurtlarini tark etadilar. Shu bois oʻsha zamon «yalangoyoqlar namoyishi» deb nom olgan. Urush oqibatida ocharchilik boshlanadi. Odamlar oʻlmaslik uchun har xil oʻsimliklarning ildizlarini kavlab yeydilar.

Ba’zan oʻylab qolaman: oʻsha musibatlar bizning qondosh xalqlarimiz birlasha olmagani tufayli boshimizga yogʻiladi. Rusiyaning Buxorodagi elchisi Florio Benevini ham aynan shu haqda 1725 yili bunday deb yozgan edi: «Hozir oʻrta Osiyoda shafqatsiz urush boʻlyapti. Bu urushda afgʻonlar, forslar, xevaliklar, buxoroliklar, qozoqlar, qirgʻizlar, qoraqalpoqlar, qalmiqlar qatnashmoqdalar. Ularning har qaysi bir-biriga qarshi tigʻ koʻtarmoq uchun oʻziga yarasha bahona topgan».

Jungʻoriya xonligining tarix sahnasiga chiqib kelishi faqat oʻzbek, qirgʻiz, qozoq xalqlarining taqdiriga daxl qilib qolmaydi. Ayni paytda Xitoy bilan Rossiya ham bundan tashvishga toʻshadi. Bu ikki saltanat sohiblari qalmiqlarni miltiqlaru zambaraklar bilan qurollantirib, turkiy xalqlar ustiga ol-kishlab yuboradilar-da oʻzlari hech narsani bilmaganday bir chetda kuzatib, tomoshabin boʻlib turadilar. Sir emaski, Xuanxe daryosidan Edilgacha, Sibirdan Erongacha boʻlgan hudud bepoyon dashtu dalalardan, bitmas-tuganmas tabiiy boyliklardan iborat edi. Har qanday tullak beixtiyor mana shu boyliklarga koʻz olaytirishni istardi. Ularning birdan bir maqsadi — Jungʻoriya oʻrdasiga qarshi kurashayotgan turkiy xalqlarni ham oʻzaro urushtirib qoʻyish edi; tokim, bir-birlarini qirib bitirsinlar! Hayot-mamot jangida oxir oqibat bir taraf magʻlub boʻlishi muqarrar edi. Gʻolib tomon esa nihoyatda holdan toyib qolardi. Gʻolibni yanchib tashlash unchalik qiyin boʻlmaydi. Bir zarb bilan asfalasofilinga joʻnatish hech gap emasdi.

Mana shunday gʻarazli maqsadlarni koʻzlagan Rossiya birdaniga hotamtoy boʻlib qoladi: qalmiqlarning toʻrgʻovut, durbit, hoʻshavut urugʻlariga Edil boʻylaridan yer ajratib beradilar, ularning ixtiyoriga qurol-yaroq, zambaraklar topshiriladi. Xullas, Jungʻoriya bilan qalmiqlarga qarshi davom etgan yuz yillik urush natijasida turkiy xalqlar umumiy madaniyatdan mahrum boʻladilar, parokandalik davri boshlanadi. Oxir-oqibat turkiy xalqlar Rossiyaning mustamlakasiga aylanadilar.

Aytmatov. Yettisuvda Jungʻoriya askarlari ketma-ket gʻalabaga erishadilar: ular Norinkoʻlni, Boyinkoʻlni, Qoshdekni, Qoshkelganni ishgol qiladilar. Soʻng Olatovdan oshib oʻtib, qirgʻizlar tuprogʻiga yopirilib kiradilar. Issiqkoʻl boʻylarida, Chuy vodiysida boʻlib oʻtgan toʻqnashuvlarda qirgʻiz xalqi ularga munosib zarba berolmaydi. Oʻsha paytlari bizning xalqlarimiz orasida bir maqol paydo boʻladi: «Agar tovda qirgʻiz bolasi yigʻlayotgan boʻlsa, vodiydagi qozoq onasining koʻkragi ogʻriy boshlaydi». Qardosh xalqni musibatdan xalos etish niyatida Shapirashti urugʻidan boʻlgan Qorasoy botir besh ming nafar suvoriyni qavatiga olib, Chuy daryosi boʻylarida qalmiqlar lashkariga qaqshatgich zarba beradi. Qorasoy yuzma-yuz olishuvda qalmiqlarning sarkardasini mahv etadi. Bobolari ruhidan madad soʻragan qirgʻiz va qozoq jangchilari yoʻlboshchilarining gʻalabasidan ilhomlanib, oʻsha toʻqnashuvda matonat, qahramonlik namunalarini koʻrsatadilar.

Agar oʻsha toʻqnashuvdan soʻng biz mustaqillikdan mahrum boʻlgan boʻlsak, Jungʻoriya umuman Yer yuzidan yoʻqolib ketadi. Qonli toʻqnashuvning natijasi shunaqa boʻladi. Bosqinchilarga qarshi turkiy xalqlarni birlashtirish gʻoyasini eng avval Eshimxon har tomonlama ragʻbatlantiradi. Chunki, ul mukarram zot jungarlar biz uchun nechogʻliq xavfli ekanini boshqalardan koʻra ertaroq anglab yetadilar. U bir-biri bilan yoqalab yotgan Buxoro, Turfon, Koshgʻar xonliklarini insofga keltirib, qirgʻizlar bilan shartnoma tuzib, ittifoqdoshlardan iborat yagona lashkar barpo etadi va imkon qadar Issiqkoʻlni yovdan himoya qiladi.

«Agar birlik boʻlmaganda Sibirdan muntazam qurol-yaroq, askarlar zahirasi olib turgan jungʻorlar turkiy xalqlarni batamom qirib tashlardilar. Chunki, hali turkiylar ixtiyorida oʻq otadigan bitta ham miltiq yoʻq edi. Shubhasiz, turkiy qavmlarning har biri tarqoq holida mahv etilardi», deb yozadilar muarrixlar.

Bizning xalqlarimiz qadim zamonlardan buyon bir tanu bir jon boʻlib yashaganlari bois turkiy xalqlarning nasriy asarlarida, ogʻzaki ijodida qalmiqlar bilan jungarlar asosiy dushman sifatida talqin qilinadi. Hatto ming yoshga toʻlgan «Manas» eposida ham qalmiqlar asosiy dushman sifatida koʻrsatiladi. Manas va qirq botir bilan oʻsha xalq oʻrtasida jang-jadal boʻladi. Bu doston koʻchmanchilar madaniyatini yuksaltiradi.

Shoxonov. «Manas» eposining 1000 yilligi nishonlangan tantanalarda turli mamlakatlarning davlat rahbarlari, adabiyot va san’at namoyandalari ishtirok etdilar. Qirgʻiziston Respublikasining Prezidenti Asqar Aqayevdan soʻng Siz minbarga koʻtarilib nutq soʻzladingiz. Keyingi yillarda men bu qadar shoirona, ilhombaxsh nutqni eshitmagan edim. Zalda oʻtirganlar tez-tez qarsak chalishib, nutqingizni boʻlib turdilar. Tanaffus paytida koʻpchilik ajoyib nutq soʻzlaganingiz uchun Sizni chin dildan qutladi. Oʻsha payt men joʻrttaga qovogʻimni solib yoningizga bordim-da: «Nutqingiz nutq boʻlmadi», dedim. Atrofingizda turgan odamlar hayron boʻlib qolishdi. Oʻzingiz ham xijolat chekib: «Senga ma’qul boʻlmadimi?» deb soʻradingiz. «Yoʻq, Sizning nutqingiz nutqqa oʻxshamadi, balki goʻzal she’rga oʻxshadi», dedim. Atrofdagi odamlar birdan jonlanib, kulib yuborishdi.

Elista shahridan kelib, tantanalarda qatnashgan taniqli qalmiq, shoiri Dovud Qugultinov: «Manas» yubileyini oʻtkazayotganlaring uchun qalmiq xalqidan minnatdor boʻlishlaring kerak. Agar qalmiqlar kuchsiz dushman boʻlganda bormi, Manas ham buyuk botir sifatida mashhur boʻlib ketmasdi», dedi hazil aralash.

Tirik paytidayoq mumtoz shoir sifatida tan olingan insonning samimiy soʻzlari tinglovchilar qalbida iliq taassurot qoldirdi. U yuksak minbardan turib, «Manas»ning boshqa xalqlar uchun naqadar katta ahamiyatga ega ekanini isbotlab berdi. Xitoyda Manas nomida shahar bor, Manas nomida daryo bor. Yaponiyada Sematey nomli shahar bor. Lotin Amerikasida ham Manas nomi bilan ataladigan shahar bor. Hindular oʻrtasida ham «Manas» dostoni mashhur. Bundan tashqari, yaponlarning «Man’yosyu» nomli dostoni bor. Manasning qarorgohi Oʻzgandda boʻlsa, yozliq yaylovlari Qozogʻistonda. Koreyada Manas nomli togʻ bor. Qrimda esa Manas nomli burun bor. Mojoristonda Manas nomli qishloq bor. Bular faqat daryodan tomchi, xolos. Demak, Manas botirning jasoratini dunyoning yarmi biladi deyishimiz mumkin. Xoʻsh, bundan ortiq baxt boʻladimi? Mana shunday buyuk eposga ega boʻlgan qirgʻiz xalqi ham ulugʻ emasmi? Yubileyda Dovud Qugultinov shular toʻgʻrisida gapirdi va oʻzining bilimdonligini olijanob inson ekanini yana bir bora namoyon qildi.

Agar avvalgi mavzuga qaytadigan boʻlsak, e’tirof etmoq lozimki, insoniyat ongidan tarixiy xotirani butkul oʻchirib tashlash uchun bizning yozuvimizga, madaniyatimizga toʻrt marta tajovuz qiladilar. Arab va moʻgʻil bosqinidan soʻng, uchinchi bosqin Rossiya imperiyasi tomonidan uyushtirildi. Biz oʻz mustaqilligimizni yoʻqotib, unga qaram boʻlib qoldik. Turkiy xalqlarni oʻzlarining ijtimoiy tarmoqlariga jalb etish, magʻlub elatlarning madaniyatini yangi madaniyat bilan qorishtirib yuborish uchun bosqinchilar texnikaviy va siyosiy ustunlik imkoniyatlaridan foydalandilar. Bu hol bizning milliy hayotimizda oʻzgarishlar roʻy berishiga sababchi boʻldi.

Aytmatov. Muxtor, bu masalada oʻziga xos dialektika mavjud. Ruslarning bosqini natijasida boshimizga misli koʻrilmagan musibatlar tushgan boʻlsa-da, ammo biz uchun foydali tomonlari ham bor. Bu foyda— dunyo va Yevropa taraqqiyotiga oshno boʻlganimiz bilan bogʻliqdir. Aks holda, Shoʻro tuzumidan soʻng mustaqillikni qoʻlga kiritib, zamonaviy talablarga javob beradigan shart-sharoitga ega boʻlmasdik. Buning uchun ma’lum bir tayyorgarlik boʻlishi kerak edi.

Shoxonov. Ha umuman olib qaralsa, xuddi shunday. Lekin, bular nimaning evaziga qoʻlga kiritildi?! Milliy madaniyatimiz omuxta boʻlib, yoʻq boʻlib ketish arafasiga kelib qoldi. Barcha imperiyalarning mohiyati shunaqa boʻladi. Hozir shunga oʻxshash hodisa Xitoyda tibet va uygʻur xalqlariga nisbatan roʻy beryapti: xoʻsh, ular imperiyaning tazyiqlari ostida oʻzlarining milliyligini saqlab qolarmikan? Bu nihoyatda jiddiy masala.

Rossiya imperiyasi hukmron boʻlgan davrda qozoq bilan qirgʻiz tuprogʻida Alekseevka, Nikolayevka, Aleksandrovka, Vladimirovka, Antonovka, Nadejdinovka, Pavlovka kabi ikki yuzdan ortiq qishloq paydo boʻldi. Shoʻro hokimiyati yillarida turli-tuman bahonalar bilan mahalliy aholini ruslashtirish jarayoni chorizm davridagiga nisbatan ancha yuqori sur’atda roʻy berdi. Bu borada Stalin chor hukumatining amaldori boʻlmasa-da, lekin mustamlakachilik siyosatining ashaddiy merosxoʻri ekanini yaqqol namoyon qildi. Gap shundaki, gurjilar har doim Turkiyani azaliy dushman deb bilardilar. Imperiya qaramogʻidagi turkiy xalqlar esa «buyuk dohiy» uchun baribir yov hisoblanadi. Usmonli turklar ham, Turkiston turklari ham «t» harfi bilan boshlanadigan millat vakillari boʻlgani tufayli goʻyoki gurjilarning dushmani edi. Agar bu turkiy xalqlar ajratib yuborilmasa, ular turkparastlik yoʻlidan ketishi mumkin, deb oʻylaydi Stalin. Biroq, arab imlosini birdaniga kirillitsaga almashtirishga botinmaydi: 20-yillarning oʻrtalarida turkiy xalklar lotin alifbosidan foydalanishi kerak deb, maxsus qaror qabul qiladi. Allaqachon arab imlosiga oʻrganib ketgan xalqlar qaytadan savod chiqarishga majbur boʻladilar. Bu gal ular lotin imlosini oʻrganadilar. Arab imlosida yozilgan va shu imloda nashr etilgan barcha kitoblar eskilik sarqitlari sifatida yigʻib olinadi, kuydirib yuboriladi. Arab imlosida yozilgan barcha qogʻozlar, arxivlar, hujjatlar Qur’oni karimdan koʻchirmalar, mullalarning fikr-mulohazalari sifatida badnom etiladi.

Shunday qilib, bizning madaniyatimiz bilan tilimizga nisbatan toʻrtinchi marta tajovuz boshlanadi: Gurjiston, Armaniston, Boltiqboʻyi respublikalari istisno qilingan holda Sovet Ittifoqidagi barcha xalqlar 1940 yilda yoppasiga yangi — kirill imlosiga oʻtkaziladi. Goʻyo anavi istisno qilingan xalqlarning imlosi ming yillik tarixga ega boʻlgani sababli alifbosi oʻzgartirilmaydi. Biz boʻlsak, qaytatdan yozishni, oʻqishni oʻrgandik. Eng alam qiladigan joyi shundaki, kirill alifbosida yoʻq boʻlgan tovush va harflar turkiy xalqlarning tilida mavjud edi; bu masalani hal etish uchun markazdan yuborilgan maxsus komissiya ishga kirishadi. Barcha turkiy xalqlarda ә, ү, Ñ–, q, ’, gʻ, ң, ө, ұ tovushlari bor. Toʻsatdan ma’lum boʻlib qoladiki, bu tovushlar turkiylarda har xil koʻrinishlarda yozilar emish! Jonli soʻzlashuv paytida shundoq ham tushunarli boʻlgan tovushlar imloga koʻchirilgach, mutlaqo tushunarsiz boʻlib qoladi. Kirill alifbosiga koʻchirilgach, bizning turkiy xalqlarimiz bir-birlarini tanimay qoldilar, bir-birlarining xatlarini oʻqiyolmasdan qoldilar. Bu holat bizning umumiy madaniyatimizga misli koʻrilmagan darajada zarar yetkazdi. Shunday qilib, biz qondoshlarimizning kitoblarini faqat tarjima yordamida oʻqishga majbur boʻldik.

Turkiy xalkdarning yozuvi, alifbosi nima boʻldi?! Axir, oʻn asr mobaynida arab imlosi bizga qoʻl kelmaganmi?! Bizning qadimiy yozuvimiz toʻgʻrisida hech kim bosh qotirmadi. Arab va lotin alifbolarida nashr etilgan kitoblarimizdan mahrum boʻldik. Yana-tagʻin tarixiy ildizimiz qirqildi.

Aytmatov. Ha, bunday haq gaplar odamning yurak-bagʻrini ezib yuboradi. Biroq, hamma narsaga muayyan bir nuqtai nazardan qaramoq lozim: xoʻsh, nimalarni yoʻqotib, nimalarga erishdik? Rus madaniyati bizni murakkab jarayonga jalb etdi: madaniyatimiz omuxta boʻla boshladi, lekin ayni paytda XX asr Yevropa taraqqiyotining asoslari bilan milliy madaniyatimiz xiyla yuksaldi. Din masalasiga kelsak, din hech qachon oʻlmaydi — tezda oʻzini tiklab oladi. Siyosiy, ma’naviy kurash har doim xalqlarni jiddiy sinovlardan oʻtkazib kelgani kabi hayotga monand ravishda diniy e’tiqod ham islohotga uchrashi mumkin. Lekin, xalqlar bir boʻlsa, tillari bir boʻlsa, orzu-istaklari va dinlari ham bir boʻlsa, hech qanday davr shamoli ularni yoʻldan ozdirishga qodir emas.

Din paydo boʻlgan vaqtidan beri insonni tarbiyalash vazifasini bajaradi. Din — murabbiy. Yer yuzasida dinlar, mazhablar koʻp boʻlsa-da, ammo asosiy dinlar toʻrt-beshtadan oshmaydi. Iso Maseh — nasroniylikka, Gautama Budda — buddizmga, Zardoʻsht — otashparastlikka, Muso yahudiylar sigʻinadigan iudachilikka, Muhammad paygʻambar esa islom diniga asos solganlar. Islom dunyodagi eng buyuk dinlardan biridir.

Agar barcha diniy e’tiqodlarga rioya qilinsa, Olloh yagonadir. Barcha dinlar insoniyatni halollikka, adolatga, poklikka, odamiylikka undaydi.

Nadomatlar boʻlgʻaykim, koʻp asrlar davomida ayrim dinlar hokimiyat qoʻlidagi mustamlaka, zulm-zalolat quroli boʻlib keldi. Siyosatchilar dinni oʻz manfaatlariga xizmat qildirdi. Xuddi salib yurishlari davridagi kabi din bir xalqni boshqa xalqqa gij-gijlash vositasi boʻldi. Hozir ham mutaassiblik tarafdorlari boshqa e’tiqodni tutgan kishilarga toqat qilolmaydi, gʻayridinlarga nisbatan nafrat ruhini kuchaytirmoqchi boʻladilar. Biroq, mening nazarimda, bunday say’-harakatlar haqiqiy taqvodorlikka, Ollohga haqiqiy e’tiqodga hech qanday aloqador emas. Shunday boʻlishiga ishongim keladi.

Shoxonov. Juda toʻgʻri gaplarni aytdingiz. Oʻz vaqtida yon daftarimga xalqlarimizning madaniy, adabiy yodgorliklarining roʻyxatini yozib olganman. Imkon boʻlsa, nusxa koʻchirib qoʻyganman. Xullas, bizning kitoblarimiz qayerlarda ekanini bilmoqchi boʻlganman. Masalan, M. Davlatovning she’riy turkumi e’lon qilingan (1907 y.) «Serka» jurnali Tokioda ekan. A. Boytursunovning «Til qurali» kitobi (1920 y.) Nyu-Yorkda, «Oʻgʻuznoma» (XIII—XV asrlar), «Boburnoma», «Tarixi Abulxayrixon», shuningdek, xorijiy tillarda yozilgan uch kitobdan iborat Qozogʻiston toʻgʻrisidagi qaydlar Parij va Londonda, «Qoʻrqut ota kitobi» (IX asr) Vatikanda, «Humo qushi qoʻshigʻi» (XIV asr) Venesiyada, Yusuf Bolosogʻuniyning «Qutadgʻu bilig» kitobi (II asr, 600 sahifa) Hirotda, «Al-kitobul gʻil-miniy» (1734 y.) va Mahmud Koshgʻariyning «Devoni lugʻotit turk» (1074 y.) kitoblari, Xoja Ahmad Yassaviyning «Devoni hikmat»i (XII a.) Istanbulda saqlanmoqda. Oktabr toʻntarishiga qadar qozoq tilida nashr etilgan toʻrt mingdan ortiq kitoblar Moskva, Qozon, Ufa, Yerevan, Kiyev, Minsk, Ashxobod, Namangan, Samarqand shaharlaridagi kutubxonalarda, arxiv fondlarida ayni chogʻda saqlanib turibdi. Bu haqda zarur ma’lumotnomalar bor. XVI—XVII asrlarda armani alifboda yozilib, bizning tariximiz, shajaramiz toʻgʻrisida qimmatli ma’lumotlarni jamlagan «Dono Hiqor soʻzi» nomli kitob shu kunlari Armaniston ibodatxonalaridan birida yoki Yerevandagi fondlarda saqlanayotir. Bu kitobni hozirgacha topib boʻlmadi. Turkiy xalqlar tarixi haqidagi bebaho kitoblarni chang bosgan arxivlardan kup yillar mobaynida tatar olimi A.Karimullin gʻoyat sabr-toqat bilan izladi va kartoteka tuzdi. Albatta, uning otasiga ming-ming rahmat!

Aytmatov. Gʻoz pati bilan yozilib, oʻz zamonasida turkiy xalqlar hayotida muhim ahamiyatga ega boʻlgan, turkiy tarix va madaniyatning soʻnib kelishiga imkon bermagan, balki yanada rivojlantirgan, dunyoqarashlarimizni kengaytirgan har bir qadimiy kitob, shak-shubhasiz, mehr-muhabbatimizga loyiqdir. Ana shu savobli masalaga diqqatimizni qaratib, juda toʻgʻri qilyapsan.

Umuman, dunyoda nechta til bor ekan? Dunyodagi tillarning aniq miqdorini hozirgacha hech kim bilmaydi. Yer yuzasida hammasi boʻlib ikki yarim mingdan to besh mingga qadar millat va elat mavjud. Zotan, ularning har biri oʻzining ona tilida gaplashadi, har bir xalqning tarixi ham oʻziga xosdir, boshqalarnikiga aslo oʻxshamaydi. Ayni chogʻda ularning til tarixi ham ajoyibdir.

Shoxonov. 1919 yidda endigina tashkil topgan Turkiston respublikasining musulmon byurosiga qozoq xalqining otashin farzandi, atoqli jamoat arbobi, taniqli inqilobchi Turor Risqulov rais etib tayinlanadi. N. Xoʻjayev, Y. Aliyev, Y. Ibrohimov, A. Muhiddinov kabi turkiy xalqlarning vakillari ham byuro a’zolari edilar. Oʻsha paytda Turkiston respublikasida yashaydigan aholining toʻqson besh foizi nomidan yoki barcha musulmonlar nomidan yagona markaz rahbarlik qiladi, ya’ni barcha musulmonlarning iqtisodiy, madaniy, harbiy siyosati bitta markazga boʻysundiriladi degan toʻxtamga keladilar.

Rossiya imperiyasining merosxoʻrlari sifatida bolsheviklar ham Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston xalqlariga nisbatan mustamlakachilik siyosatini davom ettirishi mumkinligini juda yaxshi bilganliklari uchun ham ular birlik gʻoyasini, markazlashtirish gʻoyasini ilgari suradilar va shu yoʻsinda mamlakat madaniyatini, iqtisodiyotini rivojlantirmoqni koʻzlaydilar. Turkistonni birlashtirish gʻoyasini dadil koʻtarib chiqqan zotlar til va din birligi asosida yagona alifboni hayotga tadbiq etmoqchi boʻladilar. Biroq, Turkiston respublikasi rahbarlarining tashabbusidan qoʻrqib ketgan Moskva hukumati darhol musulmon byurosini tarqatib yuboradi va Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonda bir-biridan ayrilgan ittifoqdosh respublikalar tuzishga kirishadilar. Ularni albatta markazdan bir kishi boshqarib oʻtirardi. Risqulov kabi davlat arboblarining taqdiri naqadar ayanchli boʻlganini juda yaxshi bilamiz.

Aytmatov. Biz oʻtmishimizni oʻz qoʻllarimiz bilan sindirib tashladik, oʻz oyoqlarimiz bilan yerga toptab yubordik. Oʻzimizning johilligimiz tufayli buyuk gʻoya soʻnib ketdi. Agar xalq xotirasi oʻsha gʻoyani uygʻotmasa, xalqning oʻzi oʻsha gʻoyani koʻtarmasa, endi uni hayotga qaytarish nihoyatda mashaqqatli boʻladi. Aksincha, ezgu niyatni koʻzlab boshlangan qutlugʻ ishlar mutlaqo teskari natija berishi ham hech gap emas. Xudoga shukrki, oʻtmishda aziyat chekkan din, til, madaniyat namoyandalari oldidagi qarzlarimizni endi uzyapmiz. Repressiya yillarida nohaq mahv etilgan insonlarning nomlari oqlanyapti. Hozir biz ogʻir yillarda qurbon boʻlgan insonlar xotirasi oldida, stalincha repressiya va ocharchilik qurbonlarining xotirasi oldida bosh egamiz, ularning ruhlariga bagʻishlab ma’rakalar utkazamiz.

Biz koʻpincha tarixning haqiqiy xoʻjayini xalq deymiz. Aslida, tarixni zamon va shart-sharoit harakatga keltiradi. Bizning ota-bobolarimizning taqdiri, hayoti mana shu ikki oʻlcham bilan chambarchas bogʻliq holda kechdi. Gohida ular jahon ahamiyatiga molik tarixni yaratdilar. Ularning gʻalabasi va magʻlubiyati, quvonch va tashvishlari toʻla-toʻkisligicha tarixiy solnomalarda, shajaraviy kitoblarda qayd etilmagan boʻlsa-da, lekin ularning ajoyib olami, koʻchmanchi xalqning ruhiyati doʻmbirayu qoʻbizlar tovushi vositasida, oqinlar va jirovlar tovushida kelajakka — avloddarga yetib keldi.

Shoxonov. Tarixdagi, xalq bosib oʻtgan yoʻldagi har bir sahifa biz uchun azizdir. Shunday boʻlsa-da, mustaqil qozoqlarning yilnomasida ketma-ket sodir boʻlgan toʻrt tarixiy hodisa alohida qayd etilmogʻi lozim.

1456 yilda qozoq xalqi Shayboniylarning qoʻl ostidan chiqib, oʻzlarining mustaqil davlatlarini barpo etadi. Bu sanaga roppa-rosa 540 yil boʻldi. Oʻz tuprogʻida yashab, rivojlanayotgan xalq uchun oʻz tiliga, oʻz madaniyatiga ega boʻlish ham, til va madaniyat, ma’naviyat taraqqiyotida sezilarli darajada muvaffaqiyat qozonish ham tarix sari qoʻyilgan muhim qadam boʻladi. Hazil gap emas bu. Kelajak avlod oldida yanada sharafli vazifa turibdiki ular dastlabki qozoq xonlarining muborak nomlarini tarix shohsupasiga koʻtarib qoʻyishlari lozim. Tarix sahifalariga ularning nomlarini zarhal harflar bilan yozmoqlari ham qarz, ham farzdir.

Keyingi besh yuz yil mobaynida shafqatsiz, vahshiy dushmanlarga bot-bot yuzma-yuz boʻlgan, koʻplab bosqinlarga va qonli toʻqnashuvlarga guvoh boʻlgan qozoq xalqi ozodlik va mustaqillik yoʻlida uch yuzdan ortiq har xil muhorabalarda qatnashadi. Oʻzini oʻzi ozod qilish uchun tinimsiz kurash olib boradi. Ular orasidagi eng yirik kurash jungʻarlarga qarshi qaratilgan boʻlib, ikki yuz yildan ortiq davom etadi va gʻalaba bilan yakunlanadi. Bu kurash butun qozoq dashtlarini qamrab oladi.

Shuningdek, 1916 yilgi qoʻzgʻolon ham muhim tarixiy ahamiyatga ega. Birinchi jahon urushi jabhalariga mardikorlikka olinayotgan qozoqlarga nisbatan adolatsizlik qilinadi. Natijada xalq yoppasiga bosh koʻtaradi. Bu kurash gʻalaba bilan yakunlanmagan esa-da, ammo xalqni birlashtirish, jipslashtirish ma’nosida alohida qimmatga ega boʻldi.

Totalitar tartiblarga, yetmish yildan ortiqroq davom etgan zulm-zalolatga, xoʻrlikka qarshi qaratilgan va demokratik oʻzgarishlarning qaldirgʻochi boʻlgan 1986 yil dekabr oyidagi Olmaotada roʻy bergan voqealar oʻz vaqtida butun dunyoni larzaga solib yuboradi. Odatda, tarixiy hodisalar yillar oʻtgani sari xiralashib, afsonalarga aylanib ketadi. Lekin, ahamiyati borgan sari yaqqolroq namoyon boʻlaveradi. Bu 500 yildan buyon ozodlik va mustaqillik uchun kurashayotgan xalqning eng oxirgi xohish-irodasining yorqin namoyishi boʻldi.

Mana shu toʻrt tarixiy hodisa goʻyo xalqning ozodlik kurashining timsoliga oʻxshaydi. Bu kurash har bir qozoq uchun naqadar aziz ekani toʻgʻrisida gapirib oʻtirmasa ham boʻladi. Har bir turkiy mamlakat tarixida mana shunday yorqin sahifalar bor.

Aytmatov. Mustabidlar tarixni yaratadi, xalq esa tarix hayotini yaratadi. Mana shu gʻalati hikmatda qandaydir umumiylik mavjud, ayni paytda qarama-qarshilik ham bor. Har qanday davrda mustabidlar mansab uchun, toj-taxt uchun har qancha qurbonlik boʻlsa berganlar. Har qachon olomon ham, yakka-yolgʻiz kimsa ham bir-biridan qarzdor boʻlib qoladi. Bu haqda gapirmasa ham boʻladi.

«Tarixi yoʻq xalq ota-onasiz qolgan yetim bolaga oʻxshaydi; u hamma narsaga boshdan oʻrganadi, hamma narsani yangitdan oʻrganadi. Xalqni biror narsaga oʻrgatish uchun yuksak nufuzdan imkon qadar unumliroq foydalanish kerak. Tarixiy xotirasidan mahrum boʻlgan xalq goʻyo nozik novdaga oʻxshaydi — uni qaysi tarafga egsang — bas, oʻsha tarafga qarab oʻsaveradi», degan gaplarda haqiqat bor. Afsuski, totalitar tartiblar hukm surgan davrda biz oʻz ixtiyorimiz bilan qaramlikni boʻynimizga oldik; yaralarimizdan qon tomib turgan boʻlsa-da unga zarracha e’tibor bermadik, tariximizni sinchiklab oʻrganmadik, aksincha, oʻzga mamlakatlar tarixini oʻrgandik va oʻzgalar tarixini oʻzimiznikiga nisbatan yaxshiroq bilib oldik. Bu bir tomonlama mafkuraning samarasi oʻlaroq roʻy berdi. Tarix fani oʻzimiznikiga va oʻzgalarnikiga ajratildi: oʻz uyimizda yetim boʻlib qolganimiz bois aynan oʻzgalarning tarixi bizniki boʻlib qoldi. Axir, qadim zamonlardan boshlangan tariximiz qoʻliga qalam ushlab olgan zamonaviy olim-qassoblar tomonidan buzib yozilmadimi?! Vaqt oʻtishi bilan nahot ularning dunyoqarashi birdan oʻzgarib qolgan boʻlsa?! Axir, ular hamon tarafkashlik qilayotir-ku! Axir, tariximizga munosabati yaxshilanib qolmagan-ku!

Yaxshimi-yomonmi, har bir xalqning oʻz tarixi, oʻtmishi bor. Shu bois insoniyatdan yomon tomonlarni yashirib, faqat yaxshi tomonlarni koʻz-koʻzlab, oʻz tarixini har xil boʻyoq-bezaklar bilan jimjimador qilib, uni bir-biriga mos kelmaydigan matahlar bilan yamab-yasqab oʻtirish kechirib boʻlmaydigan holdir. Axir, har bir yangi avlod oʻz hayotini boshqa mamlakatlarda roʻy bergan koʻtarilish, taraqqiyot bilan taqqoslab koʻradi va tanazzul sabablarini qidiradi. Agar tanazzul sabablarini toʻgʻri topsa, endi oʻtmishdagi xatolarni takrorlamaslikka intiladi, toʻgʻri yoʻlga tushib olishga harakat qiladi.

Ogʻir siyosiy davrda haqiqatdan chekingan tarixchilarni, xuddi qumloqqa chiqib, suvsiz qolgan baliqday bir alfozga tushib yashagan tarixchilarni, yuqoridan koʻrsatilgan yoʻldan yurishga majbur boʻlgan tarixchilarni, oʻsha koʻrsatmalar kasofati bilan haqiqatdan xiyla olislashib ketgan tarixchilarni, haligacha oʻzlarini olimlar qatoriga qoʻshib yurgan oʻshanday kimsalarni oʻzining haqiqiy tarixi uchun kurashgan va bu yoʻlda qurbon boʻlgan zotlarning ruhi kechirsin...

Ikkovimiz ham ushbu tarixiy mavzudagi suhbatga tayyorgarlik koʻrish jarayonida «Dunyo tarixi»ni, «Oʻrta asrlar tarixi»ni va boshqa shunga oʻxshagan kitoblarni yana bir bora oʻqib chiqdik. Tarixiy mavzudagi eski qaydlarimizni tahlil etib koʻrdik, tarix kitoblarini qalb koʻzi bilan mutolaa qildik. Ayrim voqealar, shart-sharoitlar ziyraklik bilan tahlildan oʻtkazilsa, tekshirib koʻrilsa, goh koʻngulda shubha uygʻotadi, goh yangi fikr-mulohazalarga sabab boʻladi. Lekin, hammasi uchun birdek aloqador boʻlgan jihat ham bor. Bu jihat quyidagicha: Rim, Eron, Yaponiya, Hindiston, Xitoy kabi davlatlarning koʻp jildlik tarixlari, salmoqli tarixiy tadqiqotlari ularning nuqtai nazaridan, oʻz vatanida qaror topgan tarix fani nuqtai nazaridan turib, sinashta yoʻllarda yoziladi. Nazarimda, bir qirgʻoqdan boshqa qirgʻoqqa sakrab yuradigan tarixchi albatta halokatga uchraydi. Chunki, u oʻtkinchi foydani koʻzlab, shunga mos keladigan «haqiqat»ni topish uchun goh uyoqdagi talqinga yopishadi, goh buyoqdagi manbaga oʻzini otadi. Afsuski, shunday holat bizga oʻzimizning asil tariximizni yaratishimizga hamon halaqit berayotir. Shu paytgacha tadqiq etilgan, haqqoniy, halol tarixiy konsepsiyamizni yarata olmadik. Avlodlarimizning ham mulki boʻlib qoladigan tarix hali yaratilmadi.

Menimcha, eng bilimdon, asosli fikrlaydigan, tashabbuskor tarixchilardan iborat maxsus hay’at tuzilib, qadimiy zamonlardan to hozirgi kunlargacha boʻlgan tariximiz qayta yozilishi va «Dunyo xalqlarining tarixi» qayta koʻzdan kechirilib, nashrga hozirlanishi lozim. Boyagi ha’aytga har bir xalqning vakillari a’zo boʻlishi darkor. Shunday savobli ishni boshlaydigan vaqt allaqachon yetib kelgan. Biroq, mana shu muhim vazifani oʻz zimmasiga olib, turli mamlakat tadqiqotchilarining boshini qovushtirib, orqasidan ergashtirib ketadigan akademiya bormikan? Balki, bu vazifani YuNESKO oʻz zimmasiga olarmikan? Yoki BMTning birorta boʻlimi homiylik qiladimi? Ishqilib, nima boʻlganda ham insoniyat mana shu sayyorada yashayotganidan beri nimalar qilganini haqqoniy, gumanistik nuqtai nazardan baholash uchun barcha kuchlarimizni birlashtirib ishlaydigan vaqt keldi. Taraqqiyot davri ham, tanazzul davri ham, mayda-chuyda tafsilotlar ham e’tibordan soqit qilinmagan holda insoniyat faoliyati asrma-asr, bosqichma-bosqich haqqoniy aks ettirilishi zarur. Kam sonli elatlarni yerga urmasdan, koʻp sonli xalqlarni koʻklarga koʻtarmasdan bu ishlar amalga oshirilishi kerak. Aks holda, biz oʻzimizning milliy xudbinligimizni yengib oʻta olmaymiz va har birimiz yana-tagʻin oʻzimizning milliy botqogʻimizga botib yotaveramiz. Aynan milliy xudbinlik koʻp hollarda qon toʻkilishiga sabab boʻlgan edi; qancha-qancha begunoh odamlar qurbon boʻlishiga milliy xudbinlik bosh aybdor boʻladi. Bir guruh madhiyabozlar esa qonxoʻr mustabidlar sha’niga hamd-sanolar uqiydi, ularni hayot paytida ilohiylashtiradi, qahramonlar darajasiga koʻtaradi.

Agar mamlakatlar tarixi yozilayotgan paytda uning sahifalaridan hatto birgina harf tushib qolsa, bu faqat bugungi kunimizga ta’sir etib qolmasdan, balki kelajak avlod taqdiriga ham ta’sirini oʻtkazadi. Zimmamizda mas’uliyatli vazifa turganini mudom yodimizda saqlamogʻimiz lozim.

Ayollar Bizning Taqdirimizda Yoki Oshiq-Ma’Shuqlarning Nazmiy Oqshomi

«
XX asrda insoniyat ikki marta jahon urushiga va koʻplab mintaqaviy doiradagi xunrezliklarga guvoh boʻldi. Yadroviy sinovlar, halokatli zilzilalar, kosmosni oʻzlashtirish va shu bilan bogʻliq boʻlgan yuksak ilmiy-texnikaviy taraqqiyot ham roʻy berdi. Ayni paytda bobolarimizning ming-ming yillik tajribalari natijasida sinovlardan oʻtib sayqal topgan ma’naviy-axloqiy mezonlar misli koʻrilmagan darajada tubanlashib ketdi. Muhabbat deb atalmish buyuk tuygʻu — hayot manbai, hayotni harakatga keltiradigan qudratli kuch ham oʻzining asil mavqeini yoʻqotib borayotir, yoshlar tomonidan behuda ermakka aylantirilib qoʻyilyapti. Mening nazarimda, insoniyat istiqomat qiladigan jamiyat uchun faqat yadroviy urushgina bundan dahshatliroq xavf solishi mumkin...
Chingiz Aytmatov
»
«
Muhabbat-la oʻtgan kunlar — asil hayotdir,
Muhabbatsiz yashalgan kun — shunchaki kundir...

Muxtor Shoxonov
»

Shoxonov. Chike, biz kabi ruhan yaqin ikki erkak mangu mavzu toʻgʻrisida gaplashsa nima buladi?

Aytmatov. Eshik-derazalar zichlab yopilganiga qaraganda, endi gap ayollar toʻgʻrisida ketadi, shekilli?

Shoxonov. Ha. Oʻylaymanki, tiriklikning bosh sababchisi boʻlmish Ayollar toʻgʻrisida fikr almashadigan payt keldi.

Aytmatov. Unday bulsa, suhbatimiz jonlanib ketishi uchun «Ayollar» nomli she’ringni oʻqib bergin! Soʻng oʻtgan-ketgan gaplarni eslaymiz. Bir vaqtlar Labryuyeyr: «Koʻplab har xil yoqimli, muloyim tovushlar ichra eng rohatlisi suyukli ayolning tovushidir», degan edi. Qalbimizdagi nurlar bir oz xiralashib qolgan boʻlsa-da, lekin hamon biz uchun aziz boʻlmish siymolar, mayli, jonlansin.

Bitta gapni oldindan kelishib qoʻyamiz. Suhbatimiz mobaynida she’rlaringdan tez-tez oʻqib turasan. Ushbu suhbatimiz ayollarga bagʻishlangan oʻziga xos nazm oqshomi boʻla qolsin!

Shoxonov. Roziman.

Oʻtirardim oftob roʻyada,
rangim somon, mahzun, bemajol.
Kaftim ushlab folbin — goʻyanda,
taqdirimdan beradi xabar:
— Dard oʻtadi.
Poʻrsildoq lablar
rangi kiradi!
Ammo, sizni chulgʻagan isitma
boshqa dardning alomatidir.
Aylanadi, hech boshdan ketmas —
toʻrt oyimning «karomati»dir.
«Sevgi, — deysiz, — hadsiz jasorat», —
Shoir, siz-da oʻzingizcha haq.
Sevgi yoʻqdir, yoʻqdir she’riyat.
Sevgi bilan goʻzallik barhaq.
Biroq bizday oʻtkir folbinlar
aytganiga quloq ham tuting.
Baxt ham anduh kelar oyimdan,
duch kelishsa jadallab oʻting!..
Yayrab kuldim: «Foling bebaho!
Koʻnglimdagin topib aytding, zoʻr!
Shahardagi folbinlar, bilsang,
bu ketishda ishsiz kolar zor!»
Asli, folbin bitta bahona
yurakdagi dardni toʻkishga.
Ayol haqda tinglaysan qonib
rivoyatlar, turli mish-mishlar.
Soʻzni soʻzga ayol bogʻlaydi,
tanadagi xuddi oʻq tomir.
Kimni suyub, kimni dogʻlaydi,
goho olov, gohida yomgʻir.
Kim bilmasa ayolning qadrin
erkak emas mutlaqo hargiz...
Oynaday muz — muhabbat yoʻli,
omonatdir hayoting, umring.
Shu boisdan mahkam tut qoʻling,
taygʻonasan, boʻsh qoʻygan kuning!
Ayol bordir — rohat-farogʻat,
ayolki bor — butun kasofat.
Oʻtda yoqar bizni muhabbat,
rashk degani qopqon qoʻyadi.
Manov yerda yotar yosh yigit,
ayolni deb koʻzin oʻyishgan.
Ilionda yunonlar misol
ayol uchun jang qilgan elat.
O, Yolena!
Joni sabil, yonoqlari ol,
barcha oʻldi, sen hamon tirik!
Yurtning suyuk ne-ne shoiri
ayolni deb yondilar oʻtda.
Himoyalab ayol sha’nini
bir-biriga ajallar otdi.
Basharasi sovuq oyimlar
koʻtarildi xalqning yodidan.
Otash boʻlib issiq bermasang,
ayol boʻlib, boʻlmasang Ayol.
Sen kimlarning zotisan?
Qalb tubida asil goʻzallik,
meva bermas ustki yaltiroq.
Yalt-yult etsa bilgin, sayozlik,
qalb kemasi topmaydi qirgʻoq!
Aldanadi tuman qoʻynida
kapitanlar ushbu oʻyinda.
Yoʻq, ayollar sayoz daryomas,
or-nomusning qal’asi,
erkaklarning na’rasi.
Shunday ayol yor boʻlishin
orzu qilar yigitlarning
hammasi.
Yana shunday odat yoʻq emas:
yuksaklarga otilsang,
shu goʻzalning qoshida
ikkilanmay jon bersang,
olib chiqsang tundan quyoshga.
Biroq...
Bunday boʻlmas har qachon ham,
koʻpincha baxtdan yaqin gʻam.
Har kim etmas jonini qurbon,
shon-shavkat yoʻq, agar ma’ni kam.
Ma’ni esa goʻzallikka
chanqoqlikdan tugʻilar.
Soʻlib qolgan zanjabilday
fidoyida qanot yoʻqligi
menga ma’lum azaldan...
Muhabbat, sen meni tark etma,
yuragimda soʻndirma oʻtni.
Ishonganim — qalbimda yurtni,
bir ayolni sevganim sevgan!

Aytmatov. Azizim, Muxtor, ishonasanmi-yoʻqmi, she’ringni tinglab oʻtirib, boshqa davrda yashagan, boshqa xalqning shoiri — X asrda yashagan armani shoiri Narekatsining tovushini eshitganday boʻldim. Juda ajoyib! Bundan hayron boʻlish kerakmi? Menimcha, hayron boʻlmaslik lozim. Haqiqiy she’riyatning oʻziga xos xususiyati shundan iboratki, u ajib tuygʻular, fikr-mulohazalar rishtasi bilan zamonlarni, qalblarni bir-biriga bogʻlab qoʻyadi. Ayniqsa, she’rdagi mana bu parcha menga ma’qul boʻldi:

Otash boʻlib issiq bermasang,
ayol boʻlib, boʻlmasang Ayol.
Sen kimlarning zotisan?
Qalb tubida asil goʻzallik,
meva bermas ustki yaltiroq...

Narekatsi ham soʻz bilan ifodalab boʻlmaydigan fojia toʻgʻrisida sogʻinib yozadi, alamlanib yozadi (yodimda qolgan misralarni aytaman, lekin mazmuni toʻgʻriligiga kafolot beraman): taqdirning bu ne jazosikim, yomgʻir boʻldim, ammo yogʻish nasib etmadi, gul boʻldim, ammo ochilish nasib etmadi.

Rohib boʻlgan Narekatsi oʻz duolarini «Xudoyim, yurak qa’ridan chiqqan iltijolarimni eshitgin!» deb nomlaydi. Sen boʻlsang, Ayolga iltijo qilasan. Oʻrtadagi tafovut unchalik katta emas. Shoir uchun Ayolning oʻzi Xudo! Ishqilib, U ayol orqali olamni yaratgan.

Shoirlar zimmasiga Olloh taolo tomonidan ulugʻ vazifa yuklatilgan: ular tiriklik qoʻshigʻini davom ettirishi kerak; bir marta yaratib qoʻyilgan qoʻshiq bir damgina uzilib qolmasligi, yanada dahshatlisi — u koʻngulni aynitadigan shovqin-suronga aylanib ketmasligi lozim. Boz ustiga, Olam uygʻunligini ataylab yoki bilib-bilmasdan toʻs-toʻpolon qilib yuboradigan kimsalar ham yoʻq emas.

Turkiy xalqlar, xususan, qirgʻizlar bilan qozoqlar qadim zamonlardan buyon ayolning izzat-hurmatini joyiga qoʻyishga odatlanganlar. Agar oʻgʻil bolalar yoshligidan oʻtda kuymas, suvda choʻkmas qilib tarbiyadansalar, qiz bolalar mehmon sifatida, birovning xasmi sifatida avaylab-asrab tarbiyalanadi. Qiz bola oltin yombi yoki boshqa oilaning omonati sifatida koʻz qorachigʻiday e’zozlanadi. Bu an’ana sandiqning ostida saqlanib, avloddan avlodga meros qilib qoldiriladi. Qizaloqqa koʻz tegmasligi uchun kennoyilarimiz bolalarning qalpoqchalariga olisdan ham koʻrinib turadigan tumor taqib qoʻyishardi yoki ukkining patini qadab qoʻyardilar. Chunki, goʻzallik va mehr-muhabbat timsoli ehtiyot qilinsa, yaxshi nom, gʻurur, vijdon, milliylik hech qachon oʻlmaydi. Ona zotiga har doim sajda qilinardi. Mabodo oʻtov moʻrisiga — tuynukka qaldirgʻoch in qurgan boʻlsa, toki palaponlarini uchirma qilmaguncha koʻch-koʻronni yigʻishtirib yozloqqa koʻchib ketilmasdi. Savob va gunohning farqiga boradigan bobolarimiz tulpor tuqqan baytalni hech qachon goʻshtga topshirmasdilar, soʻymasdilar. Shavkatli avlodga hayot in’om etgan ona har qancha e’zozlansa arziydi. Xalqimizning bunday bebaho an’analarini davom ettirishimiz shart.

Shoxonov. Kavkazda erkaklar urushayotgan boʻlsa, hatto xundorlik bois urushayotgan boʻlsa ham, ayol ularning oʻrtasiga oq roʻmolini tashlasa — bas, shu zahoti urush toʻxtatilgan. Bu buzib boʻlmaydigan qonun edi.

Agar ayolning, onaning xohish-irodasiga kimdir boʻysunmasa, nafaqat oʻsha kimsaning oʻzi, balki bugun urugʻ-aymoqlari ham isnodga qolardi.

Aytmatov. Ha, har bir jamiyat, har bir davlat ayolga nisbatan oʻz munosabatlarini, siyosatini shakllantiradi.

Inqilobdan keyin Shoʻro hokimiyati oʻrnatilgan yillarda ocharchilik, repressiya boshlanib ketdi. Ulugʻ Vatan urushi, xonavayron boʻlgan xoʻjaliklarni tiklash davri ayollarning ayolligini, ularning tabiatning oʻzi ato etgan asil mohiyatini unutishga majbur qildi. Aynan oʻsha yillarda ayolning nozik yelkalariga zil-zambil yuk ortib qoʻyildi. Bizning umumiy doʻstimiz boʻlmish Yevgeniy Yevtushenkoning:

Qanday boʻldi, kachon yuz berdi,
unutdikmi, kim deb oʻyladik?
Yolgʻiz ayolni bulgʻadik yerga,
erkak bilan teng qilib koʻydik,

degan misralari oʻz vaqtida davr ruhiga qarshi yoʻnaltirilgan bachkana ijtimoiy tanqid sifatida qoralandi. Shoʻro hokimiyati yillarida poʻlatdek mushakli ayollarni koʻklarga koʻtarib maqtash uchun shoir va rassomlar qanday «ilhom pari»sidan quvvat olganini hozir tasavvur etib boʻlmaydi. Ayollarning bunday toifasini ulugʻlash ancha ilgari boshlangan. Esingdami, Nekrasovda: «Yugurib ketayotgan otni toʻxtatib qoladi, yongʻin boʻlayotgan kulbaga ham kiraveradi», degan misralar bor. Ayol goʻzalligining boʻlajak «ideal»iga oʻsha paytlardayoq asos solingandi. Keyinchalik oʻsha asos-poydevor ustiga «Kolxozchi va ishchi ayol» haykali oʻrnatildi. Bundan odamlar yaxshi ma’noda larzaga tushdilar, hayratlandilar. Boʻlmasam-chi! «Kichkina» odam oʻzini qora terga botib yuradigan qahramon, timsol deb tasavvur eta boshladi. Hozir ularni kalaka qilish oson. Lekin, bu gaplarning orqasida juda murakkab psixologiya, mantiq, tarix, san’at turibdi. Biz ham bundan mustasno emasmiz. Ishonchim komilki, agar haykaltarosh dehqon ayolning qoʻliga bolgʻa, erkak ishchining qoʻliga oʻroq tutqazib qoʻyganda ham birov ajablanmasdi. Bema’nilikmi? Albatta. Hozirgi zamon nuqtai nazaridan shunday koʻrinadi. Biroq, oʻsha bema’nilik bor haqiqatni aks ettirardi. Axir, ayollarning oʻzlari (ular koʻpchilik edi!) erkaklar bilan teng huquqli ekanini ta’kidlab koʻrsatish uchun faqat yurish-turishda emas, hatto gap-soʻzlarida, kiyinishlarida ham taqlid qilishardi-ku?!

Agar mana shunday yolgʻondakam tenglik qanday oqibatlarga olib borishi mumkinligi toʻgʻrisida jamiyat oldinroq oʻylab koʻrganda edi, hammasi oydin boʻlardi.

Ha, alam qilar ekan. Bunday yoʻsinda «yangi dunyo» qurib boʻlmasligi endi aniq boʻldi. Achchiq tajribamizdan tegishli xulosa chiqara olamizmi?

Esingdami, Appas Jumagʻulovning uyida mehmon boʻlgan paytimizda hammamiz birdan ayollar toʻgʻrisidagi suhbatga berilib ketgan edik. Oramizda Asqar Aqayev ham bor edi. Sen oʻsha kuni haqiqiy erkak qanday boʻlishi kerakligi toʻgʻrisidagi she’ringni oʻqib, barchamizni qoyil qoldirgan eding. Men keyinchalik kitoblaringdan oʻsha she’ringni qidirib koʻrdim, lekin topolmadim. Iltimos, oʻsha she’ringni yana bir marta oʻqib ber!

Shoxonov. Bu katta she’r. Faqat suhbat mavzusiga aloqador parchani oʻqib beraman.

Qadim Oʻtror shahrida
chol yashardi obroʻ-hurmatli.
Oqsoqolning bor edi bitta
tulpor oti Gʻirkoʻk kelbatli.
Fe’llik edi tulpor koʻp,
qon oqizib suvliq chaynardi.
Tulpor haqda mish-mish gap
ovul boʻylab tarqaldi.
Kishnaganda eshitilar
etti tepa naridan,
oʻlib qolsa-da, ammo xumpar
suv ichmaydi ariqdan.
Man-man degan qanchalari zor,
yaqinlashga yurak betlamas.
Yaqinlashsa, qora yol tulpor
tepib tashlar, hech ham yoʻlatmas.
Unga qarash zahmatli, ogʻir.
Shon-shavkatni ot ham sezadir.
Oqsoqolning bor edi yana
tengsiz goʻzal boʻy yetgan qizi,
ikki yuzi naqsh olma-ya!
Fe’llik edi, ammo, yulduzi...
Suyar edi qizalogʻin ham,
koʻp oʻylardi uning taqdirin...
Qiz ham sevmas otasini kam.
Ammo, bir kun qoldi gapirib,
erkalarkan qoʻldagi qushin,
otasiga soʻz qotdi shunday:
— Qachongacha mish-mishlar, hujum,
Otajonim chidaysiz unga ?
— Nima qildi? — hayron otasi, —
ochiqroq ayt, nima deganing?
— Sotsangiz-chi, shu otingizni,
qaridingiz, kerak joningiz,
nesi bilan rom aylar sizni?
Qaysar otga xonu moningiz
sarf aylamay oʻylang-da, bizni!
— Qizim, haqsan, koʻproq balki sen,
ammo, ayt-chi, kishanlangan qalb
bee’tibor qolsa soʻlmasmi?
Erkinlik deb, tugʻilgan borki,
or-nomus, zavqi toshadi.
Arziydi ul shamolga burkab
yuragini togʻlar oshadi.
Shu tulporim — tirik tushimdir,
oʻsmirlikdan yodgorim — qashqa.
Bu olamda olijanobroq
moʻ’jiza yoʻq otlardan boshqa.
Oh, bilmaysan, sen hali yoshsan!
Qizga boqdi ota mungayib.
Oʻylab ketdi balki shu nafas
tulpor chopib oʻtgan kunlarin.
Sekin dedi nafasin yutib:
— Fe’lini deb otni urishma,
poygalarda undadir yutuq,
temirtandan yaralgandir, surishma.
Erkin choʻllar tugʻilgan yurti,
shu boisdan olar uloqni.
Yonib chopar yurakda oʻti,
yoʻlatmaydi shundan birovni.
Ana bunday shavkati uchun
nahot, fe’lini kechirib boʻlmas?
Kechirmasak yogʻilar butun
yurtla’nati, oʻchirib boʻlmas.
Bu gapdan soʻng jim qolar ota.
Keyin kelib biroz oʻziga:
— Qirchangʻilar ozmi dunyoda, —
deya qarar ota qiziga.
Qanday foyda, manfaatlar bor?
Maqtashadi uni odamlar.
Balki, shundan bizlarning tulpor,
Achchiqlanib chekadi gʻamlar.
Biz bilmaymiz.
Tili boʻlsaydi
Fe’lin oʻzi berardi aytib.
Shunday degach, ota qiziga toʻrsaydi.
— Tashvishdaman soʻzing eshitib, —
davom etdi, otai zorda, —
baxting sendan yuzin burmasin.
Qadimgilar bilsang, tulporga
erkaklarni nisbat berishgan...
Shayton ursin,
ota soʻzi chinga aylandi,
qizginaning baxti boylandi.
Ayol bilan hayot bejirim,
lek fojia bundamas, asli,
ayol sifat erkak turqini
koʻrsam qoʻzir eng yomon jinim.
Goxo ayol erkak koʻrkini
olmoq boʻlar, bu qanday qilik?
Sababi ne? Uyla, top, izla
Xudo bergan jinsidan tonib
naxot, ayol ushoq yuziga
tus beradi erkak atalib.
Urfni bunda qanchalik aybi?
Yo qiziqqon ona tabiat
shoshdimikan? Har kimning ta’bi!
Achinaman ularga faqat.
Kim boʻlmasin, erkakmi-ayol,
oʻzin bilsin, bilsin oʻrnini.
Yutib boʻlgan nomus-orini,
Xushomaddan silab qornini
mamlakatni boshqarsa alhol
ayol sifat erkak ne boʻlar?
Oʻzing bergan, ato etgan dil,
parchasini saqla xudoyim.
Erkak boʻlsang erkakliging kil,
gar ayolsan — boʻlgin muloyim.
Oʻzgachamas, mohiyat shunda...
Oʻzing qoʻlla ushbu olamda,
nasib etsin shunday bir ayol.
Yengib oʻtsin shodligu gʻamni,
baxt keltirsin tulpor — qora yol!

Aytmatov. Qanday jamiyatda boʻlmasin inson tabiatiga surbetlik bilan aralashsalar, undan «yangi» insonni vujudga keltiraman (yarataman, yasayman, ta’mirlayman) deb oʻylagan kimsa chuchvarani xom sanaydi. Aslida, haddan tashqari johil kimsalargina insonga tajovuz qilishi mumkin.

Shoshqaloqlik baribir pand beradi. Boʻlmasam, aqli-hushi joyida boʻlgan odam shunaqa deb sandiraqlaydimi? Ertakni haqiqatga aylantirmoqchi boʻlgan kallavaramlarning xayolidan nimalar kechdi ekan? Bunaqa xom xayol hatto iblisning ham yetti uxlab tushiga kirmasa kerak!

Senga bitta voqeani aytib beraman. Sotsialistik jannat qurib qoʻyilgan jinnixona toʻgʻrisida.

Hammasi oson boʻladi erkaklar bilan ayollarning haq-huquqlarini tenglashtirish gʻoyasi zaruriy ehtiyoj natijasida (dastlab, bu gʻoya mualliflarning oʻziga gʻoyat insonparvarlikdek tuyuladi!) tugʻiladi. Ishchi kuchi yetishmay qoladi. Demak, odamlar yoppasiga kommunizm qurilishiga jalb etilsa, maqsadga muvofiq boʻladi. «Temir qoʻllarimiz bilan insoniyatni baxtli kelajakka haydab kiritamiz!» degan shior oʻrtaga tashlanadi. Shundan soʻng ayollar texnikani egallashga, yirik zavod-fabrikalarda dastgohni boshqarishga, abadiy muzlik qoplagan oʻlkalarda erkaklar bilan bir safda turib ishlashga targʻib qilinadi. Chaqiriq darhol qoʻlma-qoʻl boʻlib ketadi. Gazeta sahifalarida ulkan traktorni boshqarib borayotgan nozik komsomol qizlarning suratlari paydo boʻladi.

Afsuski, davlat tomonidan oʻtkazilgan «Hujum» kampaniyasi oʻsha davrning ogʻir xatolaridan biri edi deyish kamlik qiladi. Bu insoniyatga qarshi qaratilgan jinoyat edi. Ustiga ustak, ilohiy olamning qurilmasiga qarshi yoʻnaltirilgan jinoyat edi. Xudoning barqarorligini inkor etgan murtadlar Xudoning vazifasini oʻz zimmalariga oladilar va «yangi olam yaratamiz» deb, dahshatli oʻyin boshlaydilar. «Novatorlar» oʻzlarining ahmoqona gʻoyasi bilan yoshlarning katta qismini zaharlaydilar. Andrey Platonov iborasi bilan aytganda, «erdagi jannat»ning timsoli boʻlmish afsonaviy «kotlovan» (xandaq) barpo etmoqchi boʻladilar.

Shoxonov. Ha, yaxshi niyat bilan doʻzax tomon qadam tashlanadi. Aftidan, u paytlari hech kim Injili sharifda aytilgan dono gaplarni eslamaydi. Hartugul, hech kim bu bilan hisoblashmaydi. Uni tarix axlatxonasiga uloqtirib yuboradilar.

60-yillarning boshlarida Qozogʻistonning Semipalatinsk viloyati Shubartov tumani komsomollari respublikadagi oʻrta maktablarning bitiruvchilariga «sinf boʻyicha yoppasiga chorvachilik sohasiga ishga boraylik!» deb murojaat qiladilar. Bundan aslo ajablanmaslik darkor. U paytlari Chimkent viloyati gazetasida korrektor boʻlib ishlardim: oʻsha tashabbusni qizgʻin qoʻllab-quvvatlagan bitta maktabning bitiruvchi sinf oʻquvchilari toʻgʻrisida oʻzim ham maqola yozganman.

Oʻshanda mening tashabbusim bilan viloyat ijodkor yoshlarining klubi tashkil etilgandi. Huzurimizga mashhur yozuvchi Gʻabit Musrepov tashrif buyuradi. Viloyat komsomol qoʻmitasining kotibi bilan birgalikda qozoq adabiyotining mumtoz vakilini qutlagani bordim. Salom-aliqdan soʻng, Gʻabit ogʻa yangiliklar bilan qiziqdi. Juda gʻayratli yigit boʻlgan komsomol kotibi bidirlab axborot bera boshladi:

— Viloyatimizning ikki mingdan ortiq bitiruvchi sinf oʻquvchilari Shubartov komsomollarining murojaatini qoʻllab-quvvatlashga shaylanib turishibdi. Ular imtihonlarni topshirgan zahoti komsomol yoʻllanmasi boʻyicha chorvachilik sohasida ish boshlaydilar. Ularning yarmidan koʻprogʻi qizlar!..

Shu payt Gʻabit ogʻa qoshlarini chimiradi.
— Jamiyatimizning asosiy kamchiligi shundan iboratki, biz erkaklarning vazifalarini ham ayollar zimmasiga yuklab qoʻydik, — dedi u.

Partiya tashabbusi keskin tanqid ostiga olinganini eshitib, dahshatga tushib ketdim. Axir, u paytlari hech kim bunday fikrni hatto xayoliga keltirmasdi. Qizil Ittifoq mafkura sohasida ajoyib gʻalabani qoʻlga kiritgan edi.

Albatta, aql bovar qilmaydigan ogʻir zamonlarda ayollarning oʻz zimmasiga ogʻir majburiyat olishini tushunish mumkin. Masalan, Sizning «Jamila» nomli qissangizni eslaylik. Lui Aragon uni: «Dunyoda muhabbat toʻgʻrisida yaratilgan eng goʻzal qissa!» deb baholagandi. Ulugʻ Vatan urushi yillarida ayollarimiz qariyalar va oʻsmirlar qatorida turib erta tongdan qora shomgacha ter toʻkib mehnat qiladilar. Koʻpga kelgan toʻydan hech kim qochib qutilmaydi.

Sirtdan qaralsa, bu qissa xuddi urush toʻgʻrisida yozilgandek tuyuladi. Aragon uni nima uchun muhabbat haqida yozilgan doston deb ataydi? Chunki, Siz hamma narsadan ustun boʻlgan Muhabbatni tasvirlab bergansiz. Ayni chogʻda oʻlim ham haqqoniy aks ettiriladi. Feodal zamondan qolgan itoatgoʻylik kabi sarqitlar fosh qilinadi. Jamila ma’shuqaning erkin, qizgʻin qalbi bilan yashaydi. Uning uchun oliy haqiqat mana shu. Puturdan ketgan, munofiq axloq tarafdorlari qissani quturib tanqid qiladilar. Ular inson tuygʻularini temir katak ichiga haydab kiritib, mahv etmoqchi boʻladilar.

Chike, Siz inson faqat mehnatning oʻzi bilan baxtli boʻlmasligini isbotlab berdingiz. Shubhasiz, millionlab oʻquvchilar millatidan qat’i nazar Jamiladan ozodlik ilmini, qalb va aql-idrok erkinligini oʻrgandilar. Totalitar tuzumning ayol usidan oʻrnatgan hukmronligiga qarshi norozilik timsoli — Jamila. Xalq bu ayol siymosida norozilikni koʻrdi.

Aminmanki, goʻzallik va mehr qadrsizlangan joyda johillik va bachkanalik boshlanadi. —"Esimda, 50-yillarning boshlarida ovulimizda yashaydigan bir yoshi oʻtib qolgan ayol oʻtin terib kelish uchun junaydi. Aldoqchi dunyoda muhtojlikdan yomon narsa boʻlmaydi. Ayol bir koʻtarim oʻtinni orqalab uyiga qaytadi. Yoʻlda birdan toʻlgʻoq tutib qoladi. Xullas, farzand tugʻiladi. Ayol oʻtkir tosh bilan goʻdakning kindigini kesadi va chaqalogʻini eski-tuski kiyimiga yoʻrgaklab, bogʻlam oʻtinini sudragancha ovulga keladi. Ming mashaqqat bilan toʻplagan oʻtinni tashlab ketishga koʻzi qiymaydi. Ayol bir oz dam olishni xayoliga ham keltirmasdan uy yumushlariga unnab ketadi. Moʻridan tutun chiqayotganini koʻrib eri bilan qoʻshnilari uyga kiradilar. Birdan chaqaloq yigʻlab qoladi. Hamma hayron boʻladi. Ayol esa:

— Bu bizning bolamiz, oʻtin tergani borib, tugʻib oldim, — deb javob qaytaradi bamaylixotir.

Aytmatov. Ilgari ayollik halovati nima ekanini, erkaklarning samimiy munosabatlarini koʻrgan rus xotinlari alamli qoʻshiq toʻqishadi:

Ot ham oʻzim, hoʻkiz ham.
Holbuki, er ham oʻzim.
Payti kvlsa, xotinmav,
Bizlarga bersin toʻzim!

Afsuski, «kishi ruhining muhandislari» boʻlmish biz yozuvchilarning ham bu borada aybimiz bor: sotsialistik realizm metodiga amal qilamiz deb ayol-rahbar timsolini uyalmasdan adabiyotga olib kirdik. Ayol direktor, partkoʻm kotiblari erkakdan battar qoʻpol, shallaqi, uddaburon boʻlishadi. Turish-turmushi ham, gap-soʻzlari ham erkakshoda. Shunday qilib, kommunist-konstruktorlar Xudoning oʻzi yaratib qoʻygan ayol bilan erkak oʻrtasidagi tafovutni yoʻqotmoqchi boʻldilar.

Shoxonov. Ushbu suhbatimizga aloqador boʻlgani uchun «La Vallett oqshomi» nomli she’rimni oʻqib bermoqchiman. Buni 15 yil burun yozganman, hali e’lon qilinmagan. Arxivimda yotgan edi.

I

Koʻz ochib yumguncha
unutib dardlarini,
boʻy yetgan Sandra
deraza oldiga chiqdi.
Sochiga ulab
tolpopuk, toʻla savat
mevani oldiga yiqdi.
Sal koʻtargin chirogʻingni piligin,
yoʻlboshlovchi tushuntirar
Sandraning kimligin.
— Qadimiy odati Malta qishlogʻin
kuyov boʻlish niyatida yurgan yigit
chapdastlikda yutib chiqsin oʻrtogʻin:
biri chalar gitara, boshqasi doʻmbirani,
yana kimdir raqs tushib jon teriga,
kimdir esa she’rga solar Sandrani.
Sandra-chi, derazadan kuzatadi barchani,
oldidagi mevalardan kavshanib...
Qay yigitga kulib boqsa Sandra
kuyov oʻsha — tegadi erga...
Gimeney, hoy, oʻyna, mana xotining,
soʻng gapirma undoq ekan, bundoq deb.
Uylandingmi, xudoga ayt dodingni,
ahmoq boʻlsa yo oʻziga bersa zeb.
Uylandingmi — boʻyinturuq boʻyningda.
Arz aylama, yoqtirganing qoʻyningda.
Odat shunday: umr boʻyi birgasiz.
Biringiz — bit boʻlsa, yana biring—
burgasiz.
Ajralish yoʻq, baxt haqida oʻylash yoʻq.
O, Gimeney, Gimeney, mana senga oʻq!

II

Maltani ham bizga tanitgan,
olib chiqqan dengizga shu Oy.
— Darding olsam, nimam kamibdi!
Lekin jimdir, osmonda chiroy.
nur yogʻilar dengiz qoʻyniga,
La-Vallett oqshomga kirar.
Oʻtkazamiz orol boʻyida
hijron tuni sekin qisqarar.
Uyqusiragan qirgʻoq boʻgʻriqar,
hansiraydi, issiqdan pishgan.
— Singiljonim, kelgin yaqinroq,
ne sababdan koʻzlaring shishgan?
— Ogʻajonim, — deydi qizgina,
xasta odam ovoziday dard, —
men bir otman, yoʻqdir tizginim,
baxsizliqdan pora boʻlgan qalb.
Hayronligim ortadi battar:
bu qanday gap? Maqsad nimadi?
— Ogʻa, bilsang, isnod yotar
hayotimda, qora sharmanda. —
Jim turgayman odamovidek,
Qani, neni aytadi yana.
— Tashlab ketdi, sevgilim, ogʻa,
shundan gʻamim, alamim mening. —
Qarashlari qoʻrqinch tus oldi,
nigohiga dosh bermoq mushkul.
Hazil qayda, hazil yoʻqoldi.
— Qasos olmoq niyatim nuqul.
Kechirmasman, avval erkalab.
La’nat sizga, yuzsiz erkaklar!
Qonlar tutsin sizlarni, yo rab! —
Qargʻab-qargʻab oʻgirilding ters,
barchasiga goʻyo men aybdor.
Bilganim yoʻq uzoq Maltada
sen gʻaribga boʻlishim duchor.
Iloj qancha chiqsa ham joni,
erkaklarning yonin olaman:
— Seni tashlab kegan kimsani
rosti bilan sevgandingmi, ayt?!
Gʻazabdan joy topmas qoʻygani
u oʻzini shu payt.
— Sevganiga oʻlim tilamas,
Ishqivordan yaxshilab bilgin.
Yupatmoqqa aytganim emas,
oq sochlarim sababin soʻrgin!
Tayyordirman erkaklar uchun
soʻramoqqa shafqat va rahm.
Bilsang agar oʻzim ham butun
farishtamas, bordir gunohim.
Sabr aylagin, yana muhabbat
yuragingni qitiqlashi bor.
Boʻlmas axir asriy malomat,
quyosh chiqqach, ketadi gʻubor.
Biroq, singil, shu choq araz-la
yov quvganday uchdi yonimdan.
Aritmoqchi boʻldim gʻarazin,
voh, kelmadi bu ish qoʻlimdan.
Oʻsha kechda Malta ustida
suzar edi qirgʻoqsiz osmon.
Koʻp oʻyladim: nahot, tabiat
jafo chekar qizday beomon?

III

Kechda tolgul yashnatadi
Oʻ-oʻ, Maltaning osmonini.
Eh, goʻzalim Sandra!
Yuribsanmi, omonmi joning?
Xayolimda ba’zan koʻraman
toʻlqinlarni kesgan orolni.
Oson emas, tan olmoqlik
oʻzi qilgan mash’um gunohni.
Qirgʻoq, chorlar, boraman yolgʻiz.
Charx uradi daydi shamollar.
Hayot — topish, qayta yoʻqotish,
Yoʻlda oʻtar umri odamning.

Aytmatov. Inson oʻzi chinakam yaxshi koʻradigan odamiga hech qachon yomonlikni ravo koʻrmaydi. Haqiqiy muhabbat bilan hoyu havasning farqi ham ana shunda. Oshiq qalb sohibi oʻzini oʻylamaydi. Oshiq oʻzini qurbon qilib, ma’shuqasini saqlab qolishga tayyor turadi. Sening qahramonlaring — oʻziga bino qoʻygan xudbin kimsalar. Unday kimsalar tiqilib yotibdi. Yaqin-yaqingacha ayrim zamondosh ayollar kommunist-erlarini har xil tovlamachiliklar vositasida ipsiz bogʻlab olgan edilar: partbiletingdan mahrum qilaman deb, doʻq-poʻpisa qilardilar. Bechora erkak goʻyo doʻzaxda yashashga majbur boʻlardi. Agar bunday er bugun xotiniga «taloq» bersa bormi, ertagayoq masalasi partkomda muhokama etilardi, indinga esa raykom, hatto gorkomda yetti doʻzax azobini boshidan kechirardi. Imkoniyat cheklangan edi: yo qalligʻing bilan to umringni oxirigacha it-mushuk boʻlib yashashing kerak, ya’ni tirik murdaga aylanishing lozim yoxud partbiletni topshirib, jinoyatchi degan tamgʻa ostida ishdan haydalishing zarur. Tanish-bilishlaru qarindosh-urugʻlar joʻr ovoz boʻlishib, «jinoyatchi er»ni it piypalab tashlagan tulki ahvoliga solib qoʻyishlari toʻgʻrisida gapirmasa ham boʻladi. Oʻz vijdonining hukmiga boʻysungan erkak qolgan umrini shunday azobda kechirardi. U eng «insonparvar» jamiyatda partiya bilan davlatning inson huquqlariga haqiqiy munosabati shunaqa edi. Bu ma’noda oʻzlarini jinidan battar yomon koʻradigan erlari bitta koʻrpaning ostida tepkilashib yotgani uchun ayrim ayollar jonajon partiyadan minnatdor boʻlishi kerak.

Shoxonov. Erkakshoda ayollar va xotinchalish erkaklar munosabati uzoq vaqt mobaynida yosh avlod tarbiyasiga ham salbiy ta’sir koʻrsatdi. Men maktabda oʻqib yurgan yillarda erkak muallimlar koʻpchilikni tashkil etardi. Ularning oʻrni boshqacha edi — ayrimlari biz uchun ideal boʻlardi.

Aytmatov. Shoʻro hokimiyati hukm surgan keyingi 15-20 yil davomida maktablardan oliy oʻquv yurtlarida ayol oʻqituvchilarning miqdori keskin koʻpayib ketdi. Hozirgi yoshlar bolalar bogʻchalarida, maktablarda, oliy oʻquv yurtlarida asosan xotinlar qoʻlida tarbiya olishyapti. Erkak ta’sirini sezmagan bolalar, oʻsmirlar beixtiyor ayol murabbiylarning ayrim sifatlariga taqlid qila boshlaydilar. Oʻz lafzidan qaytgandan koʻra, oʻlimni afzal deb biladigan or-nomusli erkaklar oʻrniga tinimsiz mahmadonalik qiladigan, faqat oʻzining huzur-halovatini oʻylaydigan benomus erkaklar bemaza qovunning urugʻiday koʻpayib ketdi. Bu masala jamiyatimiz uchun jiddiy muammoga aylandi.

Oqibat shunday boʻldiki, oʻzimiz istamagan holda erkak bilan ayolning asil vazifasi toʻgʻrisida choʻltoq tasavvurga ega boʻlgan avlodni voyaga yetkazib qoʻydik.

Erkaklar nima uchun oʻqituvchi boʻlishdan or qiladilar? Bu savolning javobi kunday ravshan: birinchidan, bu kasb egalari e’tibordan qolgan; ikkinchidan, maoshi kam. Misol uchun, aytaylik, Olmoniya bilan Fransiyada (oʻylaymanki, Gʻarbdagi boshqa taraqqiy etgan mamlakatlarda ham shunday) eng obruy-e’tiborli kasb egalari deb oʻqituvchilar, doʻxtirlar, politsiyachilar hisoblanadi. Masalan, Angliyada bolalar bogʻchasiga tarbiyachi yoki maktabga oʻqituvchi boʻlib ishga kirish uchun juda katta koʻrik-tanlovda gʻolib chiqish kerak. Nihoyatda adolatli yoʻl shu: boshqa ish qoʻlidan kelmagani uchun ta’lim-tarbiya sohasiga tasodifan kirib qolgan begʻam kimsalar bolalarning tarbiyasi bilan shugʻullanishini ota-onalar mutlaqo istamaydilar.

Nafsilambirini aytganda, bir paytlari Sharqda ham domla-muallimlar benihoya hurmatli zotlar kabi e’zozlanardi. Hozir-chi?!

Izlanishdan, uchrashuvdan ayriliqdan iborat boʻlgan bu hayotda Gomer va Shekspir tarannum etgan ayol tarovati, ayol ulugʻligi jamiyatning axloqiy asosini tashkil etmogʻi lozim. Jamiyatda har qanday oʻzgarishlar roʻy berishidan qat’i nazar, uning poydevori oʻzgarmasligi kerak.

Shoxonov. Nazarimda, suhbat mavzusini oʻzimizga buradigan payt keldi. Axir, biz ham odam, odamlarga xos xususiyatlar bizga ham begona emas. Qizigʻi shundaki, agar birorta yigit bir vaqtning oʻzida oʻnta qiz bilan oshiq-ma’shuq boʻlib yursa ham hech kim bunga e’tibor bermaydi. Lekin, dunyoga mashhur boʻlgan Chingiz Aytmatovning har bir qadami odamlarning koʻz oʻngida...

Aytmatov. Har bir taqdir cheksiz-chegarasiz, murakkab sirlari bilan yaratiladi. Har bir inson oʻz hayotida taqdir taqozosiga koʻra, peshonasiga yozib qoʻyilgan ayolni yoki erkakni uchratadi. Uchrashgach, ular birgalikda oʻzlarining baxt-saodatini qidiradilar. Bu borada oʻzim ham istisno emasman...

Mening hayotimda ham unutilmas damlar boʻlsan. Hozir faqat xotiraga aylanib qolgan esa-da, ammo hamon esimga tushib qolsa, qalbim larzaga tushadi. Yashirmayman, talabalik yillarimda turli-tuman ziyofat kechalarida, raqs maydonlarida koʻplab qizlar bilan tanishganman. Tunlari mijja qoqmasdan ularga maktublar yozardim, dilimni izhor qiladigan eng ta’sirchan soʻzlarni izlab qiynalardim, soʻng ulardan ham qalin konvertlarga joylangan maktublar olardim. Mehr bilan kashta toʻqilgan juda koʻp roʻmolchalar kaminaga sovgʻa qilingan. Esingdami, kashtali roʻmolcha sovgʻa qilish bir paytlar urf boʻlgan edi? Shirin jilmayishingga qarab turib bildimki, oʻzing ham ancha-muncha roʻmolcha olgan koʻrinasan...

Ammo, oʻtkinchi tuygʻular qanchalik tez alanga olgan boʻlsa, shunchalik tez soʻnib qolardi. Bu hol guldan gulga qoʻnib yurgan kapalakka oʻxshaydi. Ular yurakda iz qoldirmasdi. Biroq, men oʻz hayotimda butun vujudimni qamrab olgan Muhabbatni ham uchratganman. Biz bir-birimizni izlaganimiz yoʻq. Hammasi oʻz-oʻzidan roʻy berdi. Oʻsha tasodifiy uchrashuv taqdirning bebaho inoyati boʻldi. Mening hayotimni nur boʻlib yoritgan Ayol — qirgʻiz san’atining yulduzi, mashhur balerina Bibisora Beyshenaliyeva edi.

Oʻsha aziz siymo hozirgacha tushlarimga kiradi, bedor qiladi, koʻnglimni koʻtaradi, oʻtmishga qaytaradi... 50-yillarning oxirlari. Moskvadagi Adabiyot institutini tamomladim. Asarlarim markaziy matbuotda nashr qilina boshladi. Men toʻgʻrimda gapirib qolishdi. Oʻsha paytlari Boltiq dengizi flotida xizmat qilayotgan qirgʻiz oilalarining bolalariga otaliq yordami koʻrsatadigan delegatsiya tashkil etiddi. Kaminani oʻsha paytlari Frunze shahar partiya qoʻmitasining birinchi kotibi vazifasida ishlaydigan Turdiakun Usubaliyev huzuriga chaqirib delegatsiya tarkibida Leningradga borib kelishni taklif etdi.

Qirgʻizistonning opera va balet teatri truppasi oʻsha kunlari «Lenfilm» studiyasida «Choʻlpon» balet-filmini suratga olayotgan edi. Bosh partiyani ijro etayotgan Bibisora Beyshenaliyeva bilan oʻsha joyda uchrashdim. Keyinchalik bildimki, taqdir peshonamga shu uchrashuvni yozib qoʻygan ekan.

Ikki-uchta dengizchi hamrohligida katerda «Avrora» kreyseri yoniga suzib borgan chogʻimizda bizning delegatsiya palubada turgan edi. Ular orasida oq-sariqdan kelgan, koʻzlari doim kulib turadigan Bibisora ham bor edi. Uning kelishgan sumbatini, qop-qora sochlarini dengizdan esayotgan mayin shamol silab-siypalardi. U kulimsirab bizga qoʻl silkitib qoʻydi. Ilgari bir-birimiz toʻgʻrimizda koʻp eshitgan boʻlsak-da, lekin shaxsan tanish emasdik. Negadir juda oson yaqin boʻlib qoldik, bir-birimizga ajib mehr qoʻydik. Buni soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi. Agar bizning nozik tuygʻularimiz birdan oʻt olib, gulxanga aylanib ketdi desam, hoynahoy, ishonmasang kerak. Biz avval uchrashmaganimizga hayron edik.

Atrofdagi odamlar, qushlarning chugʻurlashi, yaproqlarning shitirlashi, dengiz toʻlqinlarining shovullashi — hamma-hammasi mutlaqo boshqacha tusga kirib qoldi. Mening atrofimdagi dunyo tanib boʻlmas darajada yorqinlashib, goʻzallashib ketdi.

Leningradning oppoq tunlari qoʻynida Neva sohillarida charchoq nimaligini bilmasdan uzoq-uzoq sayr qilardik, bir-birimizga aytadigan gaplarimiz ham sira tugamasdi. Baxtli damlarimiz bir necha soat davom etdimi yoki bir necha asr davom etdimi, buni hech kim bilmasdi. Shu paytgacha yashab oʻtgan umrim ikkinchi darajali boʻlib qoldi. Olamda faqat men bilan Bibisora bor edi. Men va u...

Bir necha kun ham koʻz ochib-yumguncha oʻtib ketdi. Delegatsiyamiz Qirgʻizistonga uchib ketdi. Yuragimning yarmini Neva sohillariga tashlab ketishga kuchim ham yetmadi, xohishim ham boʻlmadi. Ikki oʻt orasida qoldim. Nihoyat, Moskvada ishim bor edi deb bahona qildimu Leningraddan ketmadim. Ikki-uch kundan soʻng poytaxtga yoʻl oldim. Orqamdan Bibisora ham yetib bordi. «Moskva» mehmonxonasida bir kechayu bir kunduzni birga oʻtkazdik, xolos. Lekin, bu ruhiy yaqinlikning unutilmas damlari boʻldi. Biz qayta-qayta xayrlashardik, biroq aslo bir-birimizdan aslo ajralgimiz kelmasdi. Axiri men Bibisorani elektrichkada Leningradga qadar kuzatib bordim. U meni Moskvagacha qaytadan kuzatib qoʻymoqchi boʻldi. Lekin, men qattiq turib, zoʻrga niyatidan qaytardim.

Oʻsha kundan e’tiboran to Bibisoraning soʻnggi kunlariga qadar — oʻn toʻrt yil mobaynida yuragimda alanga olgan yolqin bir dam ham soʻnmadi.

Albatta, mana shu oʻtgan yillar davomida har xil mish-mishlar bizni rosa bezor qildi.

Bibisora Leningradda oʻqigan edi. Teatr, kino, adabiyot sohasini teran tushunardi. Uning san’at toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalari juda chuqur va oʻziga xos boʻlardi. Betimsol iste’dod sohibasi, bagʻoyat goʻzal ayol boʻlgan Bibisoraning butun hayotimga, ijodimga oʻtkazgan ta’sirini soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi.

Endi kimningdir koʻnglida haqli savol tutilishi mumkin: xuddi «Ming bir kecha» ertaklaridagi oshiq-ma’shuqlar kabi bir-birini jonidan ham ortiq darajada yaxshi koʻradigan bu insonlar nima uchun turmush qurmaydilar? Men ana shu mavzuda gap boshlagan paytlarim Bibisora gapni darhol boshqa tomonga burib yuborar yoki hozircha shoshilmaslikni maslahat berar edi. Biz keyinchalik Dzerjinskiy bulvaridagi uydan bir-biriga qoʻshni pod’ezddan yangi kvartira oldik. Kunlarning birida biz yolgʻiz qolgan paytimiz Bibisora gʻamgin kulimsiragancha:

— Achinov (u familiyamning bosh harfi bilan ismimning birinchi boʻgʻinidan shunday nom oʻylab topgandi), nima demoqchi ekaningni bilib turibman. Aytadilarki, bir-birlarini haqiqiy yaxshi koʻradigan odamlarning taqdiri qoʻshilmas emish, — dedi. U birpas sukut sakladi. — Ehtimol, shunday boʻlishi kerakdir. Kundalik oilaviy tashvishlar har qanday buyuk tuygʻularni yemirib yuboradi. Oʻz muhabbatimizni nikoh kishani bilan zanjirband etishimiz shartmikan?

«Suygan yoriga turmushga chiqishni orzu qilmaydigan ayol bormikan?..»

Keyinchalik tushundimki, Bibisora meni partiyadosh «oʻrtoqlar»im bilan adabiyotchi hamkasblarimning shafqatsiz zarbalaridan asrab qolishni istardi. U oʻzini aslo oʻylamasdi.

Oʻsha yillarda taloq — qoʻydi-chiqdi nima ekanini oʻzing ham bilasan. Men Bibisoraning gaplariga koʻnib, toʻgʻri qilganmanmi? Bu savol endi meni umrbod qiynaydi.

Shoxonov. Bunday jazo turlari qozoqlar oʻrtasida ham juda keng tarqalgan edi. Bizning adabiyotimizning mumtoz vakili Gʻabit Musrepov, mashhur qahramon-yozuvchi Bovurjon Momishuli, taniqli qoʻshiqchi Yermak Serkaboyevlar qayta uylanganlari uchun uzoq vaqtgacha tanqidga uchrab, feletonlarning bosh qahramonlari boʻlib yurdilar.

Aytmatov. Biz nimalar demaylik, mening yulduzim yorqin porlashi uchun Bibisora oʻzining ayollik baxtini qurbon qiladi. Mushohada — ongning vazifasi, tuygʻu — yurakning imtiyozi. Bir-biriga antagonistik dushman boʻlgan ana shu ikki fazilat faqat buyuk shaxs timsolida mujassam boʻlishi mumkin. Buyuk shaxsgina suyukli yorining foydasini koʻzlab undan yuz oʻgiradi.

Bir kuni Bibisora ikkovimiz «Moskva — Olmaota» poyezdida Frunzega kelayotgan edik. Ikki kishilik shinam kupe. Hech kim telefonga chaqirib yoki eshik qoʻngʻirogini jiringlatib bezovta qilmaydi. Uch kechayu uch kunduz goʻyo ertak misoli hayratomuz kechdi. Vaqt toʻxtab qoldi. Biz xuddi boshqa bir olamga tushib qolgandek edik. Har xil mavzudagi suhbatlarimiz, boshqa paytlari birovga aytib boʻlmaydigan sirli gaplarimiz, adabiyot va san’at toʻgʻrisidagi bahs-munozaralarimiz bir-birini toʻldirardi. Oʻshanda ilk bora anglab yetdimki, oʻy-xayollari, ruhiyati, fe’l-atvori, tabiati jihatdan oʻzingga yaqin insonni topishdan-da a’loroq baxt yoʻq ekan. «Shunday kun ham boʻladiki, uni butun boshli bir asrga ham almashtirmaysan. Bugun mening hayotimdagi eng baxtli kundir».

Axir, Bibisoraning hayajon ichra aytgan oʻsha soʻzlarini unutib boʻladimi?

Poyezd esa bizni xuddi beozor yoʻrga kabi manzil tomon olib borardi. Ba’zan vagon derazasidan tabiatga maftun boʻlib tikilib qolardik. Rossiyaning bitmas-tuganmas koʻm-koʻk oʻrmonlari, xuddi xalq qalbidek bepoyon Qozogʻiston dashtlari koʻz oʻngimizdan bir-bir oʻtdilar. Poyezdimiz Orol shahrida toʻxtagach, toza dengiz havosidan toʻyib-toʻyib nafas olish uchun tashqariga chiqdik. U paytlari Orol dengizining toʻlqinlari shahar ostonasini yuvib turardi. Quyosh shu’lasida oʻynoqi toʻlqinlar yilt-yilt qilardi. Keyin Qizil Oʻrda, Aris, Chimkent, Tulqubos bekatlari keldi...

Esingdami, bir safar biz sening mashinangda Toshkentdan Bishkekka qaytgandik? Qip-qizil quyosh asta-sekin ufqqa enib borardi, osmonning yarmi shafaq rangiga boʻyalgan edi. Hayajonli daqiqalar edi. Tulqubosga yaqinlashgach, baland tepalikni aylanib oʻtish uchun temir yoʻl keskin burilish yasaydi. Bahor va yoz faslida bu joylar chamanzor boʻlib ketadi; unga qarab sira toʻymaysan. Oʻshanda sendan mashinani toʻxtatishingni iltimos qildim-da, mashinadan tushdim. Qanday goʻzal! Xuddi 25 yil avvalgidek baland tepalik yonbagʻridan Olmaota tarafga poyezd oʻtib borardi. Temir yoʻl chetidagi tepalikni ikki-uch qator boʻlib oʻrab turgan temir toʻsiqlar ham oʻzgarishsiz edi. Qishda tepaliqdan qor koʻchkisi tushib, yoʻlni toʻsib qolmasligi uchun shunday gʻov yasab qoʻyilgandi. Yuragim xapriqib ketdi. Shu yerdan oʻtayotganimizda, aynan mana shu joy Bibisorani bagʻoyat toʻlqinlantirib yuborgandi. U tabiat goʻzalligini koʻrib, xuddi yosh boladay quvongan edi. Biz Bibisora bilan birgaliqda juda koʻp ajib shaharlarni, tarixiy goʻshalarni, diqqatga sazovar oʻlkalarni ziyorat qilgandik. Masalan, Frunze shahrini olib koʻraylik. Ayrim uylar, chorrahalar, istirohat bogʻlari yonidan oʻtayotib, qaysi nuqtada nimalar toʻgʻrisida gaplashganimiz, nima uchun xursand boʻlganimiz yoki nega xafa boʻlganimiz xuddi kechagidek yodimda turibdi.

Esingdami, yaqinda Qirgʻiziston Davlat opera va balet teatriga qandaydir uchrashuvga borgandik! Men nimalar toʻgʻrisida gap-soʻz boʻlganini umuman eshitmadim, oʻz xayollarim bilan band edim, Bibisoraning benazir iqtidori mana shu sahnada gullab-yashnadi. Mening koʻz oʻngimdan xuddi kinodagidek u bilan bogʻliq boʻlgan voqealar birin-ketin oʻta boshladi. Sahnaga qarasam — bas, u goʻyo oqqush kabi uchib yurgan boʻladi. Bibisora aynan xuddi shu timsolda xayolimga oʻrnashib qolgan. Aytish mumkinki, men uning mangu navqiron ruhiga oʻrnatilgan tirik haykalga oʻxshayman.

Qaysidir bir gastroldan u betob boʻlib qaytdi. Diagnoz — koʻkrakda yomon shish paydo boʻlgan edi. Bibisorani Kunsevo kasalxonasiga yotqizdik. U bir yarim yil azob tortdi. U tortgan azob-uqubatlarning hammasini gapirib boʻlmaydi. Kasalxona hududiga faqat maxsus ruxsatnoma bilangina kirish mumkin edi. Bibisora bilan bitta palatada xuddi oʻshanday diagnoz qoʻyilgan SSSR xalq artistkasi Olga Nikolayevna Androvskaya ham yotardi. Aleksandr Trifonovich Tvardovskiy ham xuddi oʻshanday bedavo dardga chalingan boʻlib, u ham Kunsevoda davolanmoqda edi. U birinchilardan boʻlib kaminaga yozuvchilik sohasida «oq yoʻl» tilagan, ilk qissalarimni oʻzining «NovÑ‹y mir» jurnalida e’lon qilgan edi. Qachon kasalxonaga borsam, albatta, uning holidan xabar olib qaytardim. Vrachlar nechogʻlik harakat qilishmasin, u tez sur’atda oʻzini oldirib qoʻydi. Koʻp oʻtmasdan Tvardovskiy olamdan oʻtdi.

Bibisora ham kunma-kun soʻlib borardi. Uning yostiqdan boshini koʻtarishga-da kuchi yetmasdi. U butunlay oʻzgarib ketdi. Yoqimli koʻzlarining nuri xira tortib qoldi. Oʻshandan keyingina angladimki, Bibisoraning dardi bedavo ekan. Oyoqlarimda mador qolmadi...

Qittak harakat qilsa — bas, Bibisoraning joni qiynalib ketardi. Shundan soʻng uni Frunzega olib qaytdik. Ish joyimda bosim oʻtira olmasdim, kasalxona tevaragida tinchini yoʻqotgan odam kabi aylanib yuraverardim. Umrining sanoqli kunlari qolganini bilib, Bibisora taqdiriga tan berdi. Men huzuriga kirib borgan zahotim kayfiyatimni koʻtarish uchun majolsizgina kulib qoʻyardi. U soʻnggi damlarida ham meni balo-qazolardan asraydigan farishta boʻlib qoldi.

1973 yilning 11 may kuni Bibisora vafot etdi.

Shoxonov. Guvohlarning aytishicha, Opera va balet teatrida boʻlib oʻtgan vidolashuv marosimida siz bor tovushda oʻkrab yigʻlagan ekansiz. Oʻsha paytdagi respublika rahbarlaridan birining toqati toq boʻlib: «Anavini sal tinchitib qoʻyinglar-e, jonga tegdi-ku!» degan ekan. Unday kimsalar umr boʻyi birga yashagan oʻz xotinining janozasida ham obroʻyidan tushib qolmaslik uchun bir tomchi koʻzyosh toʻkishdan or qiladilar. Agar totalitar tuzum sharoitida yuqori mansabda oʻtirgan, xotini bor kommunist, Sizdek mashhur inson odamlar oldida oʻkrab yigʻlagan boʻlsangiz, demak, rostdan ham suyukli ayolingizdan ajralgansiz, boshingizga chinakam ogʻir musibat tushgan.

Esimda, bir kuni samimiy suhbat qurib oʻtirgan paytimiz taniqli qirgʻiz shoiri Suyunboy Eraliyev boyagi mavzuga toʻxtalib: «Bibisora ajoyib inson edi. Uning goʻzalligi ham tabiiy boʻlib, aql-idroki va boshqa fazilatlari haqiqiy qirgʻiz qizlariga monand edi. Oʻz vaqtida oʻzim ham, boshqa shoirlar ham unga she’rlar bagʻishlaganmiz. Bibisoraning bevaqt oʻlimi butun qirgʻiz xalqini, uning jamiki muxlislarini larzaga solib yubordi. Eshitishimcha, ular buyuk pok muhabbat bilan bir-biriga bogʻlangan edilar. Chingiz Bibisoraning janozasiga qop-qora kiyimda, koʻzlari shishgan holda keldi. Chingiz koʻzyoshlarini yashirib oʻtirmadi. Ayrim ta’ziyachilarga uning holati mutlaqo yoqmadi. Toʻrt tarafdan: «Uyalsa boʻlmaydimi! Axir, xotini bor, bitta oilaning boshligʻi!» degan shivir-shivirlar quloqqa chalinardi. Men esam fahr bilan: «Chingiz yozuvchi sifatida buyuk boʻlgani kabi erkak sifatida ham buyukdir! U suyukli ayolini soʻnggi yoʻlga erkakka munosib ravishda kuzatib qoʻymoqda!» deb oʻylardim ichimda», degan edi.

Aytmatov. Samimiy soʻzlari uchun Suyunboyga katta rahmat! Bibisorani yoʻqotib, men taqdirimni yoʻqotganimni odamlar qayoqdan bilishardi?

Shoxonov. «Manas» eposining 1000 yilligi bayram qilinayotgan tantanali kunlarda Bishkek markazida Turgʻunboy Sodiqov yaratgan «El qutu» monumental haykali ochildi. Bu ajoyib yodgorlik goʻyo qirgʻiz xalqining oʻgʻil-qizlarini shuhrat choʻqqisiga olib ketayotgan burgutga oʻxshaydi. Yodgorlikning bir tarafida chuqur oʻyga tolgancha Siz turibsiz, boshqa tarafda esa betimsol Bibisora Beyshenaliyeva; qirgʻiz san’atining osmonida viqor ila parvoz etib yurgan oqqush.

Bu hol tasodifmi yoki haykaltaroshning xayolimi? Lekin, foniy dunyoda taqdirlari qoʻshilmagan ikki buyuk zot yodgorlikda ham ajralib turishibdi: oʻzlari jonidan ham aziz biladigan togʻlarga, serhosil dalalarga har xil nuqtalardan nazar solmoqdalar, Issiqkoʻlni tomosha qilmoqdalar...

Yodgorlik ochilayotgan paytda men Sizning yoningizda edim. Siz Bibisoraning bronza siymosiga uzoq vaqt mehr bilan tikilib qoldingiz...

Aytmatov. Bibisora vafot etgach, oradan koʻp vaqt oʻtmasdan meni Italiyaga taklif qildilar. Teploxodda Sitsiliyaga joʻnadik. Ochiq dengiz. Oydin oqshom. Salqin shabada esardi.

Olislardan ulkan shaharning chiroqlari miltirab koʻrina boshladi. Birdan Bibisora ikkovimiz eshitishni yoqtiradigan musiqa tovushi qayoqdandir taralib qoldi. Odamlar palubada raqsga toʻsha boshladilar. Men esam, bir chetda toʻsiqqa suyanganimcha yum-yum yigʻlardim. Koʻzyoshlarimni yashirib oʻtirishga hech qanday xojat yoʻq edi: atrof dengiz, oqshom, koʻqda oy balqib turibdi, kimsasiz orol, oʻzim bilan oʻzim yolgʻiz qolgan edim...

Oʻsha musiqa tovushini hozir eshitsam ham toʻlqinlanib ketaman. Darhol Bibisora esimga toʻshadi. Bu tuygʻuni tushuntirib berishga ojizman.

«Kassandra tamgʻasi» romanimda bitta voqea bor: mening qahramonim delegatsiya tarkibida Yaponiyaga borib qolgach, oqshom chogʻi paroxodda suzib yuradi. Oʻsha manzara, oʻsha kechinmalar. Bu gal yapon musiqasi ta’siri ostida uygʻongan xotiralar bir-bir koʻz oʻngidan oʻtaveradi. Italiyaga qilgan safarim chogʻida yolgʻizlikning va Bibisora sogʻinchining timsoli sifatida oʻsha manzara xotiramga muhrlanib qolgan.

Shoxonov. 70-yillarning oʻrtalarida biz Moskvada uchrashib qoldik. Siz meni mehmonxonaga taklif etdingiz. Oʻshanda birinchi marta rafiqangiz Mariamni koʻrdim. U Siz bilan yonma-yon oʻtirardi. Taqdir Sizga shunday ochiq koʻngul, ochiq chehra ayolni nasib etgani uchun ichimda xursand boʻldim. Sizni u chinakamiga hurmat qilib, e’zozlab qolmasdan, ayni chogʻda ijodingiz uchun qulay imkoniyatlar yaratib beradi, qoʻlidan kelgancha koʻmak beradi. U mulohazakor, madaniyatli, iqtidorli ayol; «Asrni qaritgan kun» («Boʻronli bekati») romaningiz asosida manqurtchilik mavzusida maxsus kinossenariy yozgan. Turkmaniston studiyasi oʻsha filmni suratga olib, ekranga chiqardi. Yoningda ichki olamingni tushunadigan, hamfikr inson boʻlsa, shuning oʻzi juda katta baxt.

Aytmatov. Bibisoraning oʻlimidan soʻng boʻshab qolgan koʻnglimni toʻldiradigan biror narsa topolmadim...

Shunaqa gaplar, Muxtorjon. Dastlab, uchrashuv-umid baxsh etgan, soʻng ayriliq-azob bergan muhabbat peshonamga yozilgan ekan. Oʻshanday ogʻir damlarda Mariyam bilan uchrashuv nasib qildi. Asta-sekin vaqt oʻtishi bilan azob-uqubatlar ortda qoldi, hayot iziga tushib ketdi. Mariyam ikkovimizning ikkita umidimiz, ikkita suyanchigʻimiz bor — qizimiz Shirin va oʻgʻlimiz Eldor. Xotinim ikkovimiz orzu qilamizki, farzandlarimiz qanday kasb-hunarni tanlashmasin, faqat munosib inson boʻlib voyaga yetishsa bas.

Shoxonov. Xudo xohlasa, aytganingiz boʻladi. Yaqinda qizingiz meni juda xursand qilib yubordi. Olmaota tayyoragohidan oilangizni Bryusselga kuzatib qoʻyayotgan paytimiz, Siz tasodifan eshitib qolmasligingiz uchun astagina qulogʻimga shivirladi:
— Muxtor amaki, dadamning qand kasali bor. U mehmondorchilik payti kasalini esdan chiqarib, shirinlik tanovvul qilishi mumkin. Iltimos, dadamga koʻz-quloq boʻlib yuring.

Aytmatov. Koʻp vaqtimizni birga oʻtkazamiz. Shu bois qizim otasini senga topshirgan boʻlsa kerak...

Shoxonov. Jurnalist Jonibek Jonuzoq diktofonni qoʻliga olib, Siz oʻz hayot yoʻlingizda uchratgan ayollar toʻgʻrisida «material» toʻplab, «Aytmatovning oyimlari» nomli kitob nashr ettirdi. Bu kitob hatto ba’zi bir tumanlardagi oziq-ovqat doʻkonlarini peshtaxtalarida turibdi. Oʻzim koʻrdim.

Aytmatov. Birovning qalbini xuddi chigit ivitiladigan hovuz kabi titkilab koʻrish — gʻirt pastkashlik. Agar kimningdir shundan boshqa qiladigan ishi boʻlmasa, mayli, yozaversin. Axir, qaysi bir chobuqqalamning qoʻlidan ushlab turasan?!

Kerez — mening birinchi xotinim. Biz talabalik paytimizdan e’tiboran ogʻir davonlarni va ayni chogʻda yoshlikning sururli yillarini oshib oʻtdik. Xudo rahmat qilgur onam Nagʻima xonim bilan ular xuddi ona-boladek uzoq yillar davomida yonma-yon yashadilar. Kerez mening Sanjar, Asqar ismli oʻgʻillarimning onasidir. Xudoga shukr, ikkovi ham mustaqil inson boʻlib voyaga yetdi. Hozir ishlayaptilar.

Tattibibi Tursunboyeva masalasiga kelsak, oʻz vaqtida u ham qalbimning toʻridan joy olgandi. U noyob iste’dod sohibasi boʻlib, qirgʻiz teatr san’atining rivojlanishiga munosib hissa qoʻshgan.

Taqdirning tor koʻchalarida boshqa ayollarni ham uchratganman. Lekin xudoga shukrki, ular anavi chobuk-qalamning qoʻliga tushmaydilar. Chin dildan iqrormanki, men uchun ilhom parisi boʻlgan ayollarni uchratganim taqdirning inoyatidir. Ular tufayli samarali ijod qildim, baxtning yulduzli onlarini boshimdan kechirdim.

Shoxonov. Qirgʻizistonga elchi boʻlib kelgan yilim, «Ruhoniyat» jamiyati Toʻqtagul nomidagi Davlat filarmoniyasining katta zalida kaminaning ijodiy kechamni oʻtkazdi. Kecha adogʻida notanish bir ayol yonimga yaqinlashdi-da:
— Muxtor, azizim, sen meni eslolmasang kerak. Men Kerezman, Chingiz ogʻangni... — deb gapini nima bilan tugatishni bilmay qoldi.

Men ham oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Chunki, ilgari u bilan sira uchrashmagandim. Keyin sogʻligini, turish-turmushini soʻray boshladim.
— Qirgʻizlar bilan qozoqlarning qardoshligini mustahkamlash uchun Chingiz koʻp ishlar qildi. Sen ham oʻsha ishni davom etgirayotganing uchun biz nihoyatda

xursandmiz. Sening Chingiz ogʻang esa... yuz yilda bir marta tugiladigan shaxs. U bilan birga yashagan yillarim hayotimdagi eng aziz damlardir, — dedi u toʻlqinlanib.

Aytmatov. Rahmat. Endi suhbatimiz yanada jonliroq boʻlishi uchun, iltimos, bir maromda riyokorlik bilan uch ming yil yashagandan koʻra, qizgʻin muhabbat bilan uch yil yashagan afzal ekanligi toʻgʻrisidagi she’ringni oʻqib bergin! Bu she’rni oʻqigan har bir inson, shak-shubhasiz, oʻylanib qoladi...

Shoxonov.

Hayot qisqa, deding, aylanay,
Kapalakning bir uchganiday.
Bir zamonlar inson kaftida
koʻp asrlar turgan aynimay.
Uch ming yillab yashagan odam,
musibatsiz, betashvish, begʻam.
Taraqqiyot qancha sekin oʻsgan boʻlsa,
Keyin shuncha pastlagan, boʻtam.
Umr oʻtgan huzurbaxsh tushday,
turmush qurgan yetti yuz yoshda,
bu yoshgacha man etilgan uylanish,
xalqniki bir oʻyin-tomosha...
Bir kun mish-mish taraldi badbin,
quruq choʻpga ketganday yongʻin.
Ikki yuzga kirmagan goʻdak
oʻgʻil va qiz... Boʻpti er-xotin!
Oʻsha oʻsmir deydi otaga:
— Uylanaman!
Ota xunob:
— Sharmandalik, bordir urf-odat,
oq qilaman xuddi shu soat,
kimlarga sen oʻxshading?
Pand berding-a oʻxshatib!
Mingga kirib turmush qurmagan
opalaring qaqshatib!
Yoʻqol koʻzdan, boshqa soʻzim yoʻq,
Besh asr kut, koʻngling boʻlsin toʻq.
Uylanasan menga desa mingtaga,
Bilib qoʻygin — ota soʻzi oʻq!
— Yoʻq, otajon, —deydi yigit, —
Mayli, oʻldir! Boʻlayin it,
kechir meni avvalo, ota,
sovchi boʻlgin, soʻzlaringdan qayt.
Suvga tushgan toshday jim,
otaning-chi, yuragi gʻijim.
Sevishganlar qasam ichishgan,
ajratolmas hattoki oʻlim!
Qoʻl ushlashib qochdilar bundan,
togʻ ustida toʻshak bulutdan.
Tutib kelib toʻyni surishdi,
vaqtinchalik yuz yil muddatga.
Nola qilar sevishganlar:
— Yo xudoyim! Borsan albatta,
hayot zavqi muhabbatda.
Muhabbatsiz shuncha odamning
umri oʻtar gʻurbatda.
Tugʻilgan choʻl erkini bergin,
uch kungina keyin oʻldirgin!
Shu olomon ichra muhabbat
chiroqlarin yoqaylik bugun.
Farishtalar qahri-da achchiq...
Gurzi soldi vaqtga sapchib,
oʻttiz bora qisqardi muddat,
bir lahzada asrni quchib,
hayot tezlar, chiqarib qanot.
Kim aytadi, qisqa deb hayot?!

Aytmatov. Bu she’rni yozgan shoir muhabbatning Everest choʻqqisiga koʻtarilganmi?

Shoxonov. Yoshlik paytimda mening hayotimda bir voqea boʻlgan. Kunduzi xayolimdan, kechasi tushlarimdan nari ketmasdi. Qalbimni agʻdar-toʻntar qilib yuborgandi.

Aytmatov. Sening hayoting toʻgʻrisida ham har xil gaplar eshitganman (tabiiyki, koʻp gaplarni qalamkash hamkasblarimizdan eshitganman). Bir-ikki marta oʻzingdan soʻrab bilmoqchi boʻldim-u... Koʻrinib turibdi, mana, endi vaqt-soati keldi. Faqat hamfikr, ruhan yaqin odam bilangina sirlashish mumkin.

Agar istasang, ochiq-oydin gapiraver. Men xotiralaringni boʻlmasdan eshitishga harakat qilaman.

Shoxonov. Biz u paytlari balandparvoz gʻoyalar ta’sirida yashardik. Doʻstim Hasan ikkovimiz har kuni, hech boʻlmasa, bitta odamga yaxshilik qilish toʻgʻrisida kelishib oldik. Arzimas boʻlsa-da, ammo yaxshilik qilish kerak. Shu niyatda, ya’ni yordamga muhtoj kimsalarni uchratish maqsadida Chimkentda sanqib yurardik. Koʻchalarda odam gavjum boʻlardi; har kim oʻz ishi bilan shoshib yurardi. Koʻchaning narigi betiga oʻtkazib qoʻyishimizga yoki ogʻir yukini orqasiga koʻtartirib qoʻyishimizga muhtoj kishini har kuni uchratib boʻlmasdi. Biroq, yigit soʻzidan, arslon izidan qaytmasligi kerak. Biz har kuni bozorga boradigan boʻldik. U yerda qariyalar koʻp boʻladi, ba’zan nogironlar ham uchrab qolardi. Ularning aravalaridan yuklarini tushirib berish yoki yuklarini boshqa joyga eltib berish biz uchun unchalik qiyin emasdi. Minnatdorlik soʻzlarini eshitib, oʻzimizni nihoyatda baxtiyor his etardik. Lekin, oradan birmuncha vaqt oʻtgach, hozirgi zamon iborasi bilan aytganda, Hasan ikkovimiz «olijanob ishlarimiz»ni toʻxtatishga majbur boʻldik. Chunki, tanish-bilishlar orasida «ular bozorda hammollik qilishib, choy-chaqa ishlab yurishibdi» degan mish-mish tarqaladi.

Bozorga qatnab, odamlar bilan muloqot qilib, muhtoj kishilarni izlab yurib, oxir oqibat she’riyatning goʻzal olamiga kirib qoldim. Aytmoqchi, Sizning «Jamila» qissangizni sonma-son e’lon qilgan «Leninshil jas» gazetasi mening ham bir sahifaga yaqin she’rlarimni bosib chiqaradi. U paytlari endi oʻn olti yoshga toʻlgandim. Xuddi «Boʻtakoʻz» qissangizdagi Kamol kabi traktorchilarga yordamchi boʻlib ishlardim. Shunday qilib, gazetada gʻijimlanib ketgan, qora moyga bulgʻangan kepka kiyib tushgan suratim ham, boshlovchi jurnalist Mingboy Ilyosovning she’rlarim toʻgʻrisidagi iliq soʻzlari ham chop etiladi. Oftobda qorayib, changga belanib ketgan shogird bola oʻzining gazetada bosilgan suratiga, she’rlariga qarab nechogʻlik xursand boʻlganini tasavvur etish mumkin. Uning she’rlari oʻziga nihoyatda ma’nodor koʻrinadi. Ilk bora she’rlarim e’lon qilingach, xiyla «surbet» boʻlib qoldim: turkum she’rlarimni gazeta-jurnallarga ketma-ket joʻnataverdim. She’rlarimni tez-tez e’lon qiladigan boʻlishdi.

Ajoyib kunlarning birida meni Chimkent Pedagogika institutida boʻladigan she’riyat kechasiga taklif qildilar. Birtalay havaskor shoirlar toʻplanishdi. Biz birin-ketin sahnaga chiqib, oʻz she’rlarimizni oʻqib berdik. Men ham bir nechta she’rimni oʻqidim-da sahnadan zalga qaytib tushdim. Shu chogʻ yonimga oʻsha Qiz keldi. Goʻzal edi. Ikki yonogʻida kuldirgichi bor edi. U kulumsiragancha: «Dastxat yozib bering», deb qalin daftarini uzatdi. Nimasi bilandir hurkak ohuni eslatardi. Uning koʻzlari qoragʻat mevasi kabi yaltirardi. Sochlari sip-silliq, bir tutam qilib orqasiga tugib qoʻyilgandi. Qiz yanada ofatijon boʻlib koʻrinardi. Daftar top-toza edi, muqovasi qattiq, yaltiroq qogʻozga oʻralgan. Daftarni ochdimu qora moy yuqi kepka kiyib tushgan suratimga koʻzim tushdi; gazetadan qirqib olingan she’rlarimning atrofiga qizil qalam bilan hoshiya tortilgandi.

Kutilmagan holdan kalovlanib qoldim. Bu sahifaga she’riy izhori dil yozadigan imkon yoʻq edi. Qizning ismi Qulyonda edi. Men daftarga bir-biriga qovushmagan jumlalarni yozib qoʻydim. Chunki, umrimda ilk bor dastxat yozishim edi.

Qulyonda bilan mutlaqo tasodifan tanishdim. Oʻsha kecha pokiza, koʻtarinki muhabbat boshlandi. Oʻsha qiz birinchi marta mening she’rlarimni yoddan aytib berdi. Toʻgʻrisi, men u paytlari kelajakda shoir boʻlishni orzu qilmasdim. Nazarimda, shoirlar butunlay boshqa toifadagi odam boʻlishi kerak edi.

— Vaqti kelgach, siz juda zoʻr shoir boʻlasiz, — deb takrorlashni yaxshi koʻrardi Qulyonda.

Uning soʻzlari qalbimga malham boʻlardi, oʻzimga nisbatan ishonch uygʻotardi.

U paytlari Chimkent hozirgi koʻrinishidan boshqacha edi. Shaharning gʻarbiy tarafida oʻrmonzor boʻlardi; quyuq butazor, qamishzor qoplab olgandi. Oʻrmonga yaqin joydagi besh qavatli uylarning birida Qulyonda akasining kvartirasida istiqomat qilardi. Institutda oʻqishlari tugagach, uni kutib olib, uyigacha kuzatib qoʻyardim.

Shanba va yakshanba kelishini orziqib kutar edik.

Shovqin-surondan uzoqroq boʻlgan shahar tashqarisiga avtobusda chiqib ketardik. Orqaga doimo yayov qaytardik.

Qulyonda giyohlarni, ularning shifobaxsh xususiyatlarini juda yaxshi bilardi. Bolaligimdan beri koʻrib yuradiganim yalpiz va qizilpoychaning moʻ’jizakor xususiyatlari toʻgʻrisida birinchi marta oʻsha qizdan eshitdim. Uning kitob-daftarlari orasidan har doim quritilgan gullarni topish mumkin edi. Hidlarini yoʻqotmagan boʻlardi.

Bir gal sayr etib yurgan chogʻimiz yoʻl chetida oʻlib yotgan toʻrgʻayni koʻrib qoldik. «Oh, shoʻrliik, — deb Qulyonda pichirlagancha jasad yoniga choʻnqayib oʻtirdi. — Bechora nega oʻldi ekan? Uni ilon sehrlab qoʻydimikan yoki bolalar urib oʻldirishdimikan?.. Mayli, nima boʻlganda ham endi uni dafn etish kerak».

Men ham uning yoniga choʻnqaydim. Birgalashib choʻp bilan chuqurcha qazdik va tantanali ravishda toʻrgʻayning oʻligini dafn etdik. Biz u paytlari tabiat har soniyada tirik jonivorlarning jonini olib turishini hali bilmasdik. Aytishlaricha, kapalak faqat olti kun umr koʻrar ekan, xolos.

Men tabiat qoʻynidagi ovulda voyaga yetganman. Har xil qushlarni, hayvonlarni koʻrganman. Belga uradigan koʻm-koʻk maysazorlarni bearmon kezib chiqqanman; maysa ustida agʻnab yotib, bulutlarni miriqib tomosha qilganman. Ma’lum boʻlishicha, men Qulyonda gapirib bergan koʻp narsalarni bilmas ekanman. Qizning sharofati bilan atrofimni qurshab olgan dunyoga boshqacha nigoh orqali qarashni oʻrgandim.

Har kuni yaxshilik qilish kerak; hech boʻlmasa, bitta muhtoj odamga yordam berish lozim, degan fikrimni qiz juda yuqori baholardi.

— Ulugʻ ishlar aynan mana shunaqa qutlugʻ qadamlardan boshlanishi kerak, — derdi u bir safar oʻychan shivirlab. — Agar odamlar yaxshilik qilmay qoʻysalar, agar ular bir-birlarini xursand qilishni bas qilsalar bormi, dunyo toʻs-toʻpolon, shafqatsiz boʻlib ketadi. Bu borada Qulyonda adabiyotdan, buyuk zotlar hayotidan koʻplab misollar keltirishi mumkin edi. Biz koʻpincha Don Kixot bilan Sancho Pansaning qiziqarli sarguzashtlarini eslab turardik. Bir gal u kimningdir: «Uyatsiz kimsa oʻzini inson hisoblashi mumkin emas, — degan iborasini takrorladi. Soʻng qoʻshib qoʻydi: — Uyatni yoʻqotsak, biz hamma narsadan judo boʻlamiz. Jamiyatimizdagi eng katta muammo ham ana shu. Ayrim qizlarimiz tizzasidan yuqorirogʻi ham koʻrinib turadigan mini-yubka kiyib yuradilar. Ochkoʻzdan dahshatliroq nima bor? Ishqilib, bularning bari balo-ofatlarni boshlab kelmasa goʻrgaydi».

Qulyondaning oʻsha soʻzlari hamon yodimda.

U hech qachon ismimni aytib murojaat qilmasdi. Doim «siz»lardi. Zamonaviy kishilardek bir-birimizni «sen»laylik; axir, biz eski tanish boʻlib qoldik, derdim. Bunga javoban u:
— Mening buvim hozirgacha buvamni «siz»laydi. Hozir shaharlik qozoqlar hatto oʻz otasini ham «sen»laydi. Axir, bu bizning qadimiy urf-odatlarimizga, an’analarimizga mutlaqo teskari-ku! — dedi.

Uning hayotga munosabati meni toʻlqinlantirib yuboradi. U paytlari baxtli onlarim xuddi tushdagi kabi birpasda oʻtib ketishini xayolimga ham keltirmasdim.

Taniqli qozoq shoiri Toʻlagan Ayberganov birinchilardan boʻlib menga doʻstona qoʻl choʻzgan insonlardan boʻladi. Shak-shubhasiz, oʻsha uchrashuv taqdirning noyob sovgʻasidir.

Yigirma toʻqqiz yasharlik paytida olamdan oʻtgan Toʻlagan bizning she’riyatimizga yangi nafas, yangi boʻyoqlar olib kirishga ulgurdi. U mendan bor-yoʻgʻi besh yosh katta edi, xolos. Ilk she’rlarim matbuotda e’lon qilingach, uning oʻzi meni izlab topdi. Tanishdik. Jingalak sochli, doʻng peshona, ochiq chehrali bu yigit darrov odamni oʻziga rom etib olardi.

— Qizing bormi? — deb soʻradi u bir gal dabdurustdan.

Qulyonda toʻgʻrisida gapirib berdim.
— Meni ham u bilan tanishtirib qoʻy, — deb iltimos qildi.
— Yaxshi, indinga — 2 iyul kuni tugʻilgan kunim boʻladi. Men uni ham taklif etaman. Soʻng sizlarni tanishtirib qoʻyaman. Aks holda, uyalib uchrashuvga kelmaydi.
— Boʻpti. Bugun qaytib ketmoqchi edim. Azbaroyi tugʻilgan kuning sharofati bilan ikki kun qoladigan boʻldim, — deb rozilik berdi shoir.

Bir kundan soʻng biz uch kishi boʻlib shahar tashqarisiga chiqib ketdik. Maysa ustiga gazeta toʻshab, onam ataylab qaynatib bergan goʻshtni, nonni, bir necha shisha limonad bilan pivoni dasturxon ustiga qoʻydik. Toʻlagan meni tugʻilgan kunim bilan qutlab, bir juft kitob sovgʻa qildi. Oʻsha kitoblarning nomlari haligacha esimda turibdi: biri Qovshariyning «Zoil Olatovining qushlari», ikkinchisi «Toshbaqa turlari» deb atalardi.

Unga minnatdorlik bildirdim. Soʻng:

— Toʻlagan aka, mabodo meni veterinariya institutining talabasi deb oʻylamadingizmi? — deb soʻradim hazil aralash.
— Haqiqiy shoir boʻlish uchun atrofimizni qurshab turgan olam toʻgʻrisida batafsil ma’lumotga ega boʻlish kerak. Aks holda, uzoqqa borib boʻlmaydi.

Qulyonda ham uning fikr-mulohazalarini qoʻllab-quvvatladi.
— Men ham Sizga kitob sovgʻa qilmoqchiman. Bu asarlarning muallifi qirgʻiz yozuvchisi Chingiz Aitmatov. U Shakar qishlogʻida tugʻilgan, Jambuldagi qishloq

xoʻjaligi texnikumini tamomlagan. — U menga rus tilida nashr etilgan qalingina «Povesti gor i stepey» («Dashtu togʻlar qissasi») nomli kitobni uzatdi.

Shunday qilib, Qulyonda vositasida Siz bilan ilk bora tanishganman. U paytlari jilovsiz tuygʻularim junbushga kelgandi. Oʻsha kuni koʻplab she’rlar oʻqildi. Toʻlagan Qulyondaga bagʻishlab sakkiz qator she’r toʻqidi-da, uning qizil daftariga yozib berdi. Men boʻlsam, quyidagi misralarni qogʻozga tushirdim:

Koʻzlarimda koʻrdim baxtim yulduzin,
Ikkimizga ayon boʻlgan bir soʻzni.
Qoʻshiqlaring nogoh baxtday xush tatim,
Uchrashtirdi ikkimizni qay taqdir!
Qoʻrqqanim bor, nogoh baxtda yashirin
rahmsizlik, bilmaysan, taqdirning ishin.
Vaqt shamoli oʻchiradi izlarni,
lek pisandmas bizga, jonim,
beshafqat yillar.

Biz oqshom payti Toʻlaganni Chimkentdagi avtovokzaldan kuzatib qoldik. Ketar chogʻi u meni asta bir chetga tortdi-da: «Tabriklayman! Gʻaroyib qushchani qoʻlga kiritibsan. Uni uchirib yubormagin. Aynan shunaqa qiz shoirning umr yoʻldoshi boʻlishi mumkin», deb shivirladi.

Biz onam ikkovimiz yolgʻiz yashardik. U tez-tez kasal boʻlib turardi. Boshqalardan najot kelishi dargumon edi. Men uylanish masalasida jiddiy bosh qotira boshladim. Axir, Qulyonda menga munosib yostiqdosh boʻlishi mumkin edi. Kunlardan bir kun u mendan:
— Siz tushga ishonasizmi? — deb soʻradi.
— Yoʻq.
— Nazarimda, biz birga boʻlolmasak kerak, — dedi u gʻamgin tovushda. — Nima uchun ekanini bilmayman-u, ammo koʻnglim sezib turibdi. Tugʻilgan kuningizda mening daftarimga yozib bergan she’ringizda quyidagi bashorat misralar bor:

Qoʻrqqanim bor, nogoh baxtda yashirin

rahmsizlik, bilmaysan, taqdirning ishin.

Keyinchalik Qulyondaning hayoti fojiali tarzda uzilgach, buning uchun oʻzimni, aniqrogʻi, oʻsha la’nati she’rimni aybladim. Oradan ancha vaqt oʻtgach oʻqib bilsam, Boris Pasternak ham Yevgeniy Yevtushenkoga: «She’rlaringizda oʻzingizning fojiali oʻlimingiz toʻgʻrisida bashorat qilmang. Soʻzning qudrati shunday boʻladiki, oʻzingiz sezmagan holda oʻsha bashorat tomon yaqinlashib boraverasiz», deb nasihat qilgan ekan.

Dam olish kunlari Qulyonda dugonasi bilan ota-onasini koʻrgani bormoqchi boʻladi. Ular «Moskva — Olmaota» tezyurar poyezdiga oʻtirardilar. Men bu paytda Olmaotada she’riy kitobimni nashr etish masalasi bilan shugʻullanib yurardim. Odatda, Tulqubosda ikki-uch daqiqa toʻxtab oʻtadigan poyezd bu gal faqat tezligini pasaytiradi, xolos. Baxtga qarshi, aynan oʻsha kuni bekatlar jadvali oʻzgargan edi. Kallavaram konduktor esa bu haqda yoʻlovchilarni ogohlantirib qoʻyishni esidan chiqarib qoʻyadi. Qizlar birpas sarosimaga tushib turadilar-da, soʻng sumkalarni pastga irgʻitadilar, orqasidan oʻzlari ham yerga sakraydilar. Qulyonda poyezd gʻildiragining ostiga yiqiladi, dugonasi esa oyogʻini sindirib oladi...

Kutilmagan fojia boshimga ogʻir gurzidek tushdi.

Erta bahorda hovur koʻtarilayotgan dashtu dalalarda boychechekning boʻylarini koʻrsam yoki kech kuz payti chugʻur-chugʻur qilishib janubiy oʻlkalarga uchib ketayotgan oʻrdaklarni, gʻozlarni uchratib qolsam, beixtiyor koʻnglim gʻam-gʻussaga toʻlib ketadi. Qulyonda ikkovimiz uyqusiz tunlari sayr etib yurganimiz Chimkent atroflariga borib qolsam, yuragim oʻrtanadi. Bunday paytlarda birovni koʻrgim ham, biror gapni eshitgim ham kelmaydi. Atrofni tuman qoplab oladi. Ikki yilgacha oʻzimni qoʻyarga joy topolmay yurdim.

Bir kuni tong saharda avtobusga oʻtirdimu Qulyonda dafn etilgan mozorga yoʻl oldim. Bahorning goʻzal tongi yorishmoqda edi. Kumush buloqlar qaynab turgan adirlarda toʻrgʻaylar chugʻurlashardi. Qulyonda yaxshi koʻradigan gul-chechaklardan dastalab, qishloq chetidagi qabristonga kirib bordim. Koʻpdan beri ichimga yutib yurganim armonlar tashqariga otilib chiqdi. Koʻzyoshlarimni tiya olmasdan oʻkrab-oʻkrab yigʻladim. Goʻyo butun olamda mendan boshqa hech kim yuq edi. To shomga qadar chalovning hidlari ufurib turgan maysazorda bagʻrimni zaxga berib yotdim.

Tushdan soʻng yonimga bitta chol keldi. U sal narida qoʻylarini boqib yurardi. Termosidan choy quyib berdi. U mendan hech narsani soʻramadi. Aftidan, shishib ketgan koʻzlarimni koʻrib gap nimadaligini tushungandi. Uning sukut saqlayotganidan ich-ichimdan suyundim. Oʻzim ham miq etib ogʻzimni ochmadim.

U ketar chogʻi marhumlar ruhiga Qur’on tilovat qildi.

Taqdirimda oʻchmas iz qoldirgan qizning umri qisqa ekan. Farishta misoli qiz yozuvchilardan faqat Sizni, Chike, hammadan ustun qoʻyardi...

Aytmatov. Kechirasan, koʻnglim buzilib ketdi.

Shoxonov. Men oʻz hayotimda yana bitta sirli ayolga yoʻliqqanman. Uning borligini faqat eng yaqin ikki-uch kishi biladi, xolos. 70-yillarning boshlaridan beri undan vaqti-vaqti bilan maktub olib turgan boʻlsam-da, lekin oʻzini koʻrmaganman. U vaqtli matbuotda, alohida kitob holida nashr etilgan barcha she’rlarimni biladi. Maktublarida she’rlarim toʻgʻrisidagi oʻz fikr-mulohazalarini bayon qiladi. Muvaffaqiyatimdan birinchi boʻlib xursand boʻladi, tasodifan qoqilib kesam ham birinchi boʻlib koʻnglimni koʻtaradi.

Maktublarining birida u: «Ehtimol, mening ismimni bilishni istarsiz? Balki, tanishmoqni xohlarsiz? Lekin, men Sizning olisdagi maslaqdoshingiz, doʻstingiz boʻlib qolishni istayman», deb yozadi.

Men faqat uning dastxatini yaxshi taniyman, xolos. Bir paytlar besh ming tomoshabin sigʻadigan Olmaotadagi Sport saroyida mening ijodiy kecham boʻlgan edi. Uchrashuv uch yarim soat davom etdi. Oʻsha uchrashuv bir necha marta televideniye orqali ham qayta-qayta namoyish qilindi. Quyidagi she’rimni oʻqiganimdan soʻng:

Orzudan suv ichar jasorat guli,
Muhabbat uygʻotar yurak haprigʻin,
Azobu alamsiz muhabbat hech yoʻq,
Ularsiz ishqivor oʻchib qolgan choʻgʻ.
«Sevgi yoʻq» desalar inonma hargiz,
Gul qachon oʻsibdi xashagu xorsiz.

Operator koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan nihoyatda goʻzal bir ayolni ekranga yaqin keltirib koʻrsatadi. Uchrashuv birinchi marta televizorda namoyish qilingach, birdan mana shu ayol yigirma yildan beri menga maktublar yoʻllayotgan boʻlsa kerak, deb oʻylab qoldim. Ehtimol, men yanglishgandirman. Axir, inson doim goʻzallikka intiladi, goʻzallikni orzu qiladi. U men bilan uchrashuvdan oʻzini olib qochib yurganiga sabab, ehtimol, oʻsha baxti qaro ayol ogʻir kasalga chalingandir, koʻrpa-toʻshak qilib yotgandir?! Nima boʻlsa ham, men oʻsha notanish doʻstimdan behad minnatdorman.

Oʻz xatlarining birida: «Siz doʻstlaringiz davrasida oʻzingizning oltmish yillik yubileyingizni nishonlayotgan qutlugʻ damlarda men bir quchoq qizil gul koʻtarib boraman-da: «Assolomu alaykum, men sizga uzoq yillardan buyon xat yozadigan oʻsha ayolman!» deb aytaman», deb yozadi.

Men oltmish yoshga toʻlishimni va nihoyat, oʻsha ayolni koʻrishni intizor boʻlib kutayotirman.

«Bulbulning qudrati — uning ovozi, lochinning qudrati — uning qanotlari va changalidir. Sizning vazifangiz — she’r yozishdan iborat. Nima uchun keraksiz ishlarga vaqtingizni behuda sarflayapsiz?! Axir, ular qishda oʻyinqaroq bolalar yasaydigan qor shaharchalarga oʻxshaydi-ku: bugun boʻlmasa, ertaga erib yoʻq boʻlib ketadi», deb chin dildan kuyinib yozadi u. Koʻp vaqtimni jamoat ishlariga, xizmatga, siyosatga sarflayotganim uchun xafa boʻladi.

Aytmatov. Xayriyat, koʻplab ovozlar ichidan: «Sen faqat menikisan!» degan haqiqiy ma’naviyat va begʻaraz gʻamxoʻrlik ovozi ham eshitilib turar ekan.

Shoxonov. Qulyondaning oʻlimidan keyingi yillarda men umuman ayol zotiga qiziqmay qoʻydim. Koʻz oʻngimdan kechasiyu kunduzi uning yorqin siymosi nari ketmasdi; quloqlarimga yoqimli tovushi, jarangdor kulgusi eshitilib turardi. Biroq, marhumning ortidan ketib boʻlmas ekan. Vaqt esa eng ogʻir yarani ham davolaydi. Qaysi qizni uchratsam, qaysi qiz bilan tanishsam, albatta, undan Qulyondaga oʻxshash xususiyatlarni qidirardim. Balki, ana shu tuygʻu va talab mening hayotim baxsiz boʻlishi uchun kifoya boʻlgandir?

Bilmadim, baxtimmi yo baxsizligimmi, ishqilib, hayotimning ogʻir damlarida erkaklardan emas, ayollardan suyanchiq izlaydigan boʻldim. Har doim ham niyatlarim roʻyobga chiqavermasdi. Rostini aysam, Qonshoyimni uchratgunimcha Qizilgul va Rozalinda kabi hayotimda chuqur iz qoldirgan boshqa ayollar ham boʻlganlar. Lekin, Qonshoyim ayollik latofati bilan, soʻzi bilan ishining birligi jihatidan hech kimga oʻxshamaydi. Ayrim ayollar ogʻir damlarda menga har tomonlama yordam berishga, yuragimga malham boʻlishga harakat qilardi.

Odamlardan tez-tez tanbeh eshitib turaman: «Doim pok muhabbatni kuylab yuradi-yu, ammo oʻzi har qadamda adashaveradi!» deydilar. Albatta, oʻzim ham musichaday beozor, qoʻyday yuvosh emasman. Biroq, men bilan yaqin boʻlgan birorta ayol «u insoniylikdan uzoq, saxovatli emas, adolatsiz!» degan ayblarni menga nisbatan aytmaydi.

Yoshligimdan yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmaslikka oʻrgandim. Agar gina-kudurat qanchalik adolatli boʻlmasin, yurakka bir marta oʻrnashib olsa — bas, u qasosdan boshqa barcha tuygʻularni mahv etib yuboradi. Har qancha ogʻir boʻlsa-da, yuragimda qasos olovini saqlamayman. Zotan, agar shunday qilmasam, juda koʻp narsadan mahrum boʻlaman. Birinchi navbatda, top-toza shoir qalbidan judo boʻlardim.

Ayoldan hayratlanish kerak. Olijanoblik, mehr, sadoqat tuygularini har bir ayol oʻz qalbidan kashf etmogʻi lozim. Ayolga xos munis fazilatlar koʻz ochishi uchun unga imkon berish zarur. U albatta yuksaklikka koʻtariladi. Men uzoq yillar mobaynida ayollarga xuddi ana shu nuqtai nazardan turib muomala qilaman. Baxtim ham, baxsizligim ham shu tushunchalar bilan chambarchas chatishib ketgan. Nozik didimga mos kelgan yoki mos kelmagan, quvonchli va gʻussali damlarimda yonimda boʻlgan barcha ayollarga umrimning oxirigacha hurmatimni bajo etib oʻtaman.

Aytmatov. Ikkovimiz ham ogʻir taqdir sohibi ekanmiz. Shunday boʻlsa-da, oʻtmishimiz ogʻir-engil boʻlganidan qat’i nazar, baribir taqdirimizdan rozi boʻlishimiz kerak. Umidimiz kelajakdan — illo, hali qiziqarli, samarali hayotimiz oldinda. Sening rafiqang Qonshoyim juda muloyim tabiatli ayol. Bizning urf-odatlarimizni hurmat qiladi, asil goʻzallikni qadrlaydi. U seni hurmat qiladi, yaxshi koʻradi. U soxtagarchilikdan, choʻkindidan yiroq. Hammasi tabiiy. Qadimiy an’anamiz boʻyicha hatto seni «siz»laydi. Ehtimol, u senga Qulyondani eslatsa-da ajab emas.

«Manas» eposining 1000 yilligi nishonlanayotgan ulugʻ ayyom kunlari qizlaring dunyoga keldi. Biz Mariyam ikkovimiz qizingning vakil ota-onasi boʻldik. Oʻzim unga ulugʻ Manasning kelinchagini ismini qoʻyib berdim: Aychurek. Iloyim, u ham katta momosi kabi oqila, goʻzal boʻlib voyaga yesin. Xudo xoxlasa, chaqaloq butun baxtning sohibasi boʻlsin, iqboli hech qachon qaytmasin!

Shoxonov. Baraka toping, Chike! Agar e’tiroz bildirmasangiz, yana muhabbat mojarolariga qaysak.

XIV asrdan buyon ikkinchi Makkai mukarrama hisoblanadigan, Markaziy Osiyoning javhari boʻlmish Turkiston shahrida Xoja Ahmad Yassaviyning gʻaroyib maqbarasi bor. Bu maqbara jannati Amir Temurning farmoniga binoan bunyod etilgan. Maqbaraning zangor gumbazlarida quyosh nurlari jilvalanib turadi. Lekin uning koʻzga tashlanib turadigan kamchiligi ham bor: me’moriy uygʻunlik oxiriga yetkazilmagan, umumiy majmuaga yopishmayroq qolgan. Mana shu hodisaga bogʻliq boʻlgan bir sevgi afsonasi xalq ogʻzida yuradi. Bir paytlar oʻsha afsona asosida she’r ham yozganman.

Amir Temur ulugʻ Xoja Ahmad Yassaviyga hurmatini bajo keltirish uchun betimsol maqbara barpo etishga qaror qiladi va olamning toʻrt tarafidan qoʻli gul ustalarni, naqqoshlarni, duradgoru quruvchilarni toʻplab keltiradi. Ganchkorlarga yosh yigit boshchilik qiladi. U oddiy loyga ham jon kiritib yuboradigan benazir usta boʻlish bilan bir qatorda juda kelishgan, xushbichim edi. Olloh unga yana bitta fazilatni ato etgandi: uning shirali ovozi bor edi.

Har oqshom quyosh ufqqa bosh qoʻygach, ganchkorlar kunduzgi ishlarini tamomlaydilar. Usta esa qad koʻtarayotgan maqbara devori ustiga chiqib, qoʻshiq ayta boshlardi. Uning moʻ’jizakor ovozi sokin dashtu dalalar uzra taralardi. Quruvchilar olislarda qolgan vatanini, qarindosh-urugʻlarini eslab, chuqur xoʻrsinib qoʻyardilar.

Yigit qoʻshiq boshlagan zahoti har gal Temur qarorgohidagi shoyi oʻtovning guldor eshigi shitob ochilib, tashqariga goʻzal Marziya otilib chiqar ekan. Bu qiz buyuk sarkardaning qaynsingili edi. Goʻzal qiz qoʻshiqni tik turgancha qimir etmasdan tinglardi.

Amir bu qurilishga naqadar katta e’tibor berayotganini ta’kidlash maqsadida har kuni tush paytida Marziyaning oʻzi quruvchilarga suv keltirib berardi. Yosh usta bilan yuzlariga harir parda yopib olgan goʻzal pinhoniy ravishda bir-birini sevib qoladilar.

Ajoyib kunlarning birida sira kutilmagan moʻ’jiza roʻy beradi: Marziya ustaga bir piyola suv uzatayotgan paytda usta oʻzini tutolmasdan qiz yuzidagi pardani yelkasiga qayirib tashlaydi. Tasodifiy guvohlarning nazarida osmonda charaqlab turgan quyosh ham xiralashib qolganday tuyuladi — qiz shu qadar goʻzal ediki, asti qoʻyaverasiz! Hammani birdan qoʻrquv qamrab oladi: axir, koʻz koʻrib, quloq eshitmagan hodisa sodir boʻlgan edi-da! Qandaydir qulbacha podsho qavmidan boʻlgan malikani haqorat qilgandi. Marziya esa bir kulimsirab, indamasdan iziga qaytib ketadi.

Qullar yosh yigitni oʻrab oladilar.
— Nima balo, joningdan toʻydingmi?!
— Ertaga Amir Temur jangdan qaytib keladi. Albatta, qaynsinglisi boʻlgan voqeani unga aytib beradi.
— Amirning jahli chiqib, seni qattiq jazolaydi. Bizni ham sogʻ qoʻymaydi.

Ustani titroq bosadi, boshini egib oladi.
— Endi nima qilaman?! Nima qilmoq kerak?! — deb bechora zorlanadi. A’zoyi badanini sovuq ter qoplaydi.
— Kechasi hammamiz qochib ketamiz, — deb taklif qiladi kimdir.

Ertasi kuni nazoratchilar bir nechta usta yoʻqolib qolganini bilib qoladilar. Qochoqlarning ortidan askarlar joʻnatiladi. Biyday dashtda yashirinadigan pana joy yoʻq edi, Qochoqlar qoʻlga toʻshadilar va hammasi zindonga tashlanadi.

Ertasi kuni Marziya qoʻrqoq ustaga mana bunday she’riy maktub yoʻllaydi:

Fosh etding-a bir kunda oʻzingni oʻzing,
Ay, munofiq, shon-shuhrating bir kunda soʻndi!
Qayda eding, ay, mening gunohkor koʻzim,
Sen qochqoqda nozikta’b qandayin undi?
Koʻzlarimdan sezmadingmi soʻzimni,
Ishqdan oʻzga muruvvatlar menga chikora.
Tikkan edim har gʻishtingga mehr koʻzimni,
Qoʻshiqlaring his-tuygʻumni etdi ovoza.
Biroq, nechun shuncha xislat, fazilat berib,
Qisgan ekan joʻmardlikdan seni xudoyim.
Abas boʻldi, yoʻqotdi tusin oʻsha tergan
gʻishtlaringu qoʻshiqlaring topmaydi joyin.
Chora yoʻqdir oʻz ishonching oʻzing aldasa!
Boshing kesa keltirmaydi gʻam,
Chala qolgan hilxona koʻproq
yuragimda uygʻotar alam.
Boʻlar ekan
ijodkorning ijodi sogʻroq...
Qamishsiz ham buloqlar, bil,
toʻlib-toshadi. Lek maqsadsiz qahramonlik
yarq etib soʻnar. Irodasiz qoʻrqoqni hech
demagil oshiq, Yurakdaki, qat’iyat yoʻq
bevafo boʻlar.

Aytmatov. Bu ajoyib va ibratli afsona bizga oddiy bir haqiqatni koʻrsatib turibdi. Yaratgan Egam yosh yigitga kasb-hunar, goʻzallik, shirali ovoz ato etibdi. Inson oʻzining orzulariga erishmogʻi uchun mana shu fazilatlarning bittasi ham yetib ortadi. Biroq, kerakli paytda oshiq yigit irodasizlik qiladi. Natijada usta yigitning barcha fazilatlari bir pulga qimmat boʻlib qoladi. Sen juda toʻgʻri payqabsan: iroda, matonat yoʻq joyda sevgi-muhabbat toʻgʻrisida gap boʻlishi mumkin emas. Gohida muhabbat menga qandaydir kompyuter qurilmasiga oʻxshab koʻrinadi. Agar koʻzga koʻrinmas birorta murvat ishdan chiqsa — bas, butun boshli murakkab buyum sariq chaqaga qimmat boʻlib qoladi.

Shoxonov. Kunlardan bir kun Rasul Hamzatov ikkovimiz Kremldan «Moskva» mehmonxonasi tomon yayov yurib borayotgan edik.

— Voy, xudoyim-ey! Nahot, bu Siz boʻlsangiz-a, Rasul Hamzatov?! — degan ayol kishining jarangdor ovozi qulogʻimizga chalindi. Oʻgirilib qarasak, yoshgina

oʻgʻilchasini yetaklab olgan koʻhlikkina rus ayoli turibdi.

Yuzlaridan quvonch alomatlari balqirdi. U sal narida navbatda turgan olomon tomon qayrildiyu kimgadir: — Petya! Tezda bu yoqqa kel! Qara, biz kimni uchratdik! — deb qichqirdi.

Navbatda turgan odamlar orasidan baland boʻyli sargʻish erkak ajralib chiqdiyu biz tomonga jadal yaqinlashdi.

... — Sizning she’rlaringiz bilan meni ilk bor Petya tanishtirgan, — deb ayol erini koʻrsatdi. — Uchrashgan paytimiz doim yurakni ezadigan, sirli she’rlar oʻqib berardi. Men shoirning xotini boʻlayotganim uchun ich-ichimda behad xursand boʻlardim. Toʻydan soʻng ma’lum boʻldiki, Petya Sizning she’rlaringizdan oʻqib berar ekan. Agar koʻngulni eritib yuboradigan oʻsha she’rlaringiz boʻlmaganda bizning turmush qurishimiz dargumon edi. Shu bois biz Sizning oldingizda, Rasul Hamzatovich, bir umr qarzdormiz! Biz Siz bilan uchrashib, minnatdorlik bildirib qoʻyishni orzu qilardik. Sizni hurmat qilamiz...

Hamzatov qovogʻini osiltirgancha qoʻl soatiga nazar tashlab qoʻydi.
— Shoshmang, yana ikki-uch daqiqa vaqtingizni bizdan darigʻ tutmang! — deyishib er-xotinlar shoirni bir chetga boshladilar.

Dastlab, ayol yoddan she’r oʻqishga kirishdi:

— Qayerdasan baxt, qani yorugʻ yulduzing?
— Choʻqqidaman, yetmagan seni oyogʻing!
— Qayerdasan baxt, choʻqqiga yetib bordim.
— Daryodaman, ehtimol unda suzmogʻing.
— Qayerdasan? Ming daryoni oʻtdim suzib.
— Qoʻshiqdaman, ertaga boʻlajak qoʻshiq.
— Qayerdasan? Baxsh etdim shoʻx she’rlar yozib.
— Oldingdaman! Eplasang, yetolgin joʻshib!

Soʻng Petya she’rni she’rga ulab ketdi:

Hamma aytar ishqda bor deb omadim,
Hamma aytar hadsiz oʻynab-kulganman.
Unisi ham, bunisi ham — hech kim qolmadi,
Aytishicha, shu qishloqda koʻpni koʻrganman!
Ishonma hech, gunoh nima bilmayman,
Esim tanib faqat seni koʻrdim, azizam.
Bitta seni ayaganman, sevganman.
Zotan, bilmam kimligingni hali ham.

Atrofimizni odamlar oʻrab olishdi. Rasul ogʻa er-xotinga rahmat aytdi. Shu chogʻ olomon orasidan tikanak soqoli oʻsib ketgan, isqirt, mast bir kishi chiqib keldi-da, bujmayib qolgan koʻkragiga mushtlab:

— Muhabbat yoʻq! — dedi xirillab. — Bir vaqtlar men ham yaxshi koʻrganman. Ammo, sevgilim menga xiyonat qildi. Sevgi toʻgʻrisidagi hamma gaplar puch! — U gandiraklab kelib Rasul Hamzatovning bilagiga osilmoqchi boʻldi. Lekin, Petya uni bir siltab chetga tortdi.

— Sizlarga hammasi uchun rahmat! — dedi Rasul ogʻa ayolga qarab kulimsiragancha.

Mehmonxonaga kirayotgan paytimizda Rasul Hamzatov:
— Koʻrdingmi, muhabbatning ikki qutbi bilan biz bir joyda uchrashdik, — dedi hazil aralash.

Chike, boshqa mavzuga oʻtishimizdan oldin men Sizga yoshlik paytimda yozgan she’rimni oʻqib bermoqchiman.

Aytmatov. Jon deb eshitaman.

Shoxonov. Avvalambor, bu she’rning yozilish tarixini gapirib bermoqchiman. Gamburgda chop etiladigan gazetalarning birida yozilishicha, qandaydir ayol sudga eri bilan ajralish toʻgʻrisida ariza beradi. Sud hay’ati a’zolarining yarash-yarash borasidagi maslahatlarini ayol uzil-kesil rad etadi: «Oʻn yetti yil bitta yostiqqa bosh qoʻyib yashagan boʻlsak, erim menga har kuni faqat uch ogʻiz gap aytardi, xolos. Ertalab: «Xayrli erta», derdi. Kechqurun ishdan qaytgach: «Nima ovqat qilding?» deb soʻrardi. Soat millari tungi soat un birga yaqinlashgach: «Qani, endi uxlaymiz», derdi, xolos. Sud ayolning da’vosini asosli deb topadi.

Yosh toʻkasan soʻndi deb ishqi,
Sen sevarsan, erkalamas u.
Muhabbat, bil, qalbning qoʻshigʻi,
Ishqivorga eshitilar u
Ishqivor bilar.
Yigʻlamagin, kuymagin,
chin muhabbat sehrgarlikdir.
Unutmoqlik oson ish emas,
ishq yurakda topmaydi qadr,
Qalb qalbiga, soʻz soʻziga tushmasa.
Kuy-qoʻshiqsiz yashash — jaholat,
Turgandaysan vulqon ogʻzida,
Ishq kuylaydi — jon holat,
Baxsizdir ul shunday payt,
Oʻz soʻzini ushlar boʻgʻzida.

Aytmatov. Tushundim. Koʻpincha erkak bilan ayol ma’naviy jihatdan teng bulmaydi. Bu juda muhim masala. Anchadan beri shu haqda bosh qotirib yuribman. Bitta misol keltiraman. Shartli ravishda uni «Voyaga yetgan yigit va balogʻat yoshidagi qiz qissasi» deb ataylik. Ikkovi ham kelishgan, yoqimtoy. Tanishdilar, bir-birlaridan oʻzlariga ma’qul boʻlgan fazilatlarni topdilar, shirin suhbatlar qurib, tunlarni bedor utkazdilar. Ular turmush qurishga qaror qildilar. Yoru doʻstlari, ota-onalari ham rozi boʻldilar. Toʻs-toʻpolonu shovqin-suron bilan toʻy ham boʻlib oʻtdi. Ana-mana deguncha ikki-uch yil birga yashab qoʻydilar. Muhabbat toʻgʻrisidagi gap-soʻzlar ilgari oʻzlari sayr etib yurgan bogʻlarda, koʻchalarda qoladi. Roʻzgʻorning ola xurjuni boʻyinga toʻshadi. Shundan keyingina yoshlar anglab yetadilarki, ular hayotga butunlay boshqa-boshqa nuqtai nazardan yondoshar ekanlar, hayotni har biri oʻzicha tushunar ekan. Atrofidagi odamlar ham asta-sekin ular ma’naviy jihatdan boshqa-boshqa toifadagi inson ekanini anglay boshlaydi. Yorugʻ dunyoga kelgan chaqaloq ham oʻrtaga tushgan darzni chegalashga ojizlik qiladi. Bu yerda netib chin dildan suhbatlashish mumkin, netib sirlashish mumkin? Bittasining har bir soʻzi, har bir harakati boshqasining jigʻiga tegadi. Hatto bir dasturxon tevaragida oʻtirish ham azobga aylanib ketadi.

Xoʻsh, bunday holatda nima qilmoq kerak? Birov oʻz hayotini ham, rafiqasining keyingi turmushini ham zahar-zaqqumga aylantirib yubormaslik uchun ajralishga qaror qiladi. Boshqa birov esa boʻlajak yolgʻizliqdan, mansabidan ajralib qolishdan qoʻrqib, har xil mish-mishlardan hayiqib yoki bolalarini oʻylab xotini bilan it-mushukka oʻxshab hayot kechirishda davom etaveradi.

Ular odamlar oldida bir-birini yaxshi koʻradigan, toʻkis oila sifatida oʻzlarini koʻrsatishga intiladilar; ich-ichlarida esa bir-birlarini jinidan battar yomon koʻradilar.

Albatta, ularning qaysi bir ma’naviy, axloqiy va insoniy jihatdan yuqori turishini sen yaxshi bilsang kerak?

Shoxonov. Chike, hozirgina Siz gapirib bergan hodisaga oʻxshagan boshqa bir voqea esimga tushib qoldi. Goʻzal bir qiz bilan kelishgan bir yigit turmush quradilar. Oradan oylar, yillar oʻtadi.

Bir kuni ularni yaqin tanishlari mehmondorchilikka taklif qiladi. Dasturxon ustida siyosat toʻgʻrisida, kim qanday mebel olgani toʻgʻrisida, qay bir olgʻir savdogar qanaqa mashina minib yurgani toʻgʻrisida qizgʻin bahs boʻladi. Umuman, odatdagi mayda-chuyda gaplar. Soʻng erkaklar uch-toʻrt qoʻl qarta oʻynash uchun toʻplanadilar. Boyagi ayolning eri ham qartabozlar safiga qoʻshiladi.

Oʻsha ziyofat oqshomida birinchi marta ayol sochlariga oq oralab qolgan birovning eriga jiddiy e’tibor beradi. Erning gap-soʻzlari boshqalarnikidan yaqqol ajralib turardi. U hayotni yaxshi tushunardi, oʻziga ishonar edi, mustaqil fikrlardi, salmoqdor edi.

Erkaklarning zavqlanib qichqirishlari qoʻshni xonaga ham eshitilib turardi. Ayollar ham bir nimalar haqida oʻzlaricha lof urishardi; ba’zan shivir-shivir qilishardi, ba’zan bir-biriga ma’noli qarab qoʻyishardi.

Bizning ayol moshguruch sochli erkak bilan divanda yonma-yon oʻtirgancha suhbatlashib qoladi. Faqat mushohadalarning teranligi emas, hatto tovushining maromi ham, ma’noli nigohi ham ayol yuragini oʻynatib yuborardi. Mulohazakor erkakning soʻzlarida uzoq paytlardan beri ayolni tashvishga solib kelayotgan savollarga asosli javoblar bor edi. Begona erkak uni butunlay oʻziga rom qiladi.

Ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi uchrashuvlardan sung ular rostakamiga inoqlashib ketadilar. Bir-birini koʻrmasdan yashay olmasliklarini ikkovi ham tushunib yetadi.

«Nega oldinroq uchrashmadik? Axir, hammasi boshqacha boʻlishi mumkin edi-ku?!» deb afsuslanadilar oʻzlaricha. Oʻrtada bunday samimiy munosabat paydo boʻlgani uchun ular aybdormi?

Aytmatov. Oʻz vaqtida Jamila timsolida mana shunga oʻxshash savollarga javob berishga urinib koʻrganman. Darhaqiqat, kuyov-qalliq oʻrtasida paydo boʻlgan ma’naviy jarlikdan ham dahshatli narsa boʻlmaydi.

Shoxonov. Esimda, yoshlik paytimda bitta qizning kundaligida gʻalati soʻzlarni oʻqigandim: «Agar sevgan yoring asta-sekin senga qiziqmay qoʻysa, unutma, bunda oʻzing ham aybdorsan!»

Haqiqiy ayol boʻlish degani — san’at, balki ilmdir. Pasternakning ajoyib misralari esingizdami:

Ayol boʻlmoqlik jasoratdir.
Aqldan ozdirmoq — qahramonlikmi?

Nazarimda, yana bir xususiyat qoʻshilishi kerak. Qanday? Toʻgʻri, sevishning oʻzi ham juda katta davlat. Lekin, sevilish ham muhim ahamiyatga ega. Ayollar bir-biriga tez-tez mana bu ma’noda shikoyat qiladilar: «Men uni dunyodagi hamma narsadan ortiq yaxshi koʻraman. Lekin, nima uchun u meni yaxshi koʻrmaydi?!»

Ayol boʻlib tugʻilishning oʻzi taqdirning buyuk inoyatidir. Chunki, ayol erkakdan munisligi bilan, tuygʻularining teranligi bilan, kechirimli ekani bilan, qolaversa, ojizligi bilan ajralib turadi. Erkaklar yozilmagan qonun-qoida va majburiyatga boʻysunadilar: ular doimo ayollarga yoʻl boʻshatib berishadi, unga yordam beradilar, himoya qiladilar. Shu bois ayol kishi goʻzal boʻlishdan tashqari asrlar davomida sinovlardan oʻtgan xalqning ma’naviy boyliklarini oʻzlashtirib olmogʻi, shuningdeq, an’analarni, urf-odatlarni, tarixni, qadimiy donishmandlikni bilmogʻi lozim. Jamiki xatti-harakatlar zamirida — quvonch va tashvish, kiyinish, yaqin va uzoq kishilarga muomala, hatto jahl chiqqanda koyinish zamirida ham ayolga xos milliy madaniyat, munislik boʻlishi kerak. Muhabbatni asrash uchun, seni sevadigan erkakni doimo xuddi ohanrabodek tortib turish uchun muttasil izlanish zarur. Haqiqiy ma’nodagi ayol darajasiga koʻtarilish nihoyatda mushkul vazifa. Bu yoʻl bagʻoyat ogʻir, lekin boshqa muqobil yoʻl yoʻq. Ayolning har bir qadami koʻzga koʻrinib turadi va albatta aks sado beradi. Ayollardek kiyinib, sirgʻa va uzuk taqib yuradigan xotinlar juda koʻp, ammo haqiqiy fazilatlarga ega boʻlgan Ayollar juda kam.

Xotinlar orasida tili zahar, doim birovlarning goʻriga gʻisht qalab yuradigan takasaltanglar ham bor. Xudoga shukrki, tom ma’nodagi buyuk ayollar ham oz emas.

Bir safar suhbatlashib oʻtirgan paytimiz Yevgeniy Yevtushenko bunday degan edi:
— Muxtor, mening nazarimda, muhabbat masalasida erkaklarga nisbatan ayollar bizdan ustun turadilar. Xudo saqlasin-u, agar ular rostakamiga sevib qolsalar bormi, e-e, qiyomat boshlandi deyaver! Dunyo teskari agʻdarilib kesa-da ular sezmaydilar!

Aytmatov. Toʻgʻri. Yevtushenkoning fikrlariga qoʻshilaman: qiyomat boshlansa ham yoki... yangi olam paydo boʻlsa ham sezmay qoladilar.

Shoxonov. Yuqorida aytilgan gaplarni oʻz she’rim bilan yana bir bora tasdiqlamoqchiman.

Everest, koʻz ilmas muzaffar choʻqqi,
Jon berdi nechalar poyingda ilhaq.
Ishonch nurin ulagan qalbdagi choʻqqa
Oʻshalar yelkangda yoqoldi chiroq.
Everest aslida ishqqa oʻxshaydi,
Qoyalarda umidvor yotar tilaklar.
Quyoshga bir qadam, shamol qaqshagan,
Choʻqqini egallar burgutyuraklar...
«Tamom-vassalom.
Ildiz-da qoʻpordi shamol,
Umidlar sob boʻldi, qopladi zulmat.
Nahot mazax boʻlsa a’molim.
Qoʻrquv borar tobora chulgʻab», —
Oʻylaydi Tranzey.
Qonunga koʻra,
Oʻz-oʻzini oʻldirishi shart edi uning.
Zodagon taqdiri Neron davrida
Oʻzgarib turdi har kuni.
Mana, xanjar yaraqlab goʻyo
kular ustidan:
«taqdir qoʻshgan payt keldi, chogʻi?..»
Butun atrof — deraza orti,
ostona toʻla odam. Shivir-shivir:
«Rim qonuni hurmati
Oʻzingni oʻldir!
Shu ulugʻ Neron hurmati».
Devor zaxdir...
Hayot bilan mamot kurashib toldi.
Qoʻl bormaydi xanjarga tomon.
Hayot shirin, azob goʻyo yoʻqoldi,
Sekin kirdi issiq bagʻriga, oʻ-oʻ jon!
Tayyor edi gullamoqqa ushbu dam...
Qoʻrquv boshlar sharmisor raqsin,
Irodayu orni burdalab.
Shunday payt oq-oppoq koʻylaqda
Arriya kirar birdan.
Ana qaddu ana qomat!
Koʻzlari-chi, buncha mayin malaksan!..
Soʻz qotdi Tranzeyga: —
Er yaratdi seni xudoyim,
Boylik berdi, baxt berdi.
Ammo, vaqt keldi,
Nimang boʻlsa, barchasi-la vidoning.
Qoʻrqoqlik shuhrati nahot yarashsa?
Erkak degay noming aziz boʻlsa gar,
Nechun anduh?
Koʻzingni och, sevgilim!
Mazaxdan, isnoddan a’lodir oʻlim!
Mendek bir ayolga ishon.
Xanjarni ol.
Qoʻllaring qilt etmasin.
Yoʻq esaydi shunday ogʻir sinovlar,
Sezmas edik irodaning qirrasin.
Oʻylaysanki, oʻzi kelar baxt?
Baxt-da, asli, ogohlantirish.
Boʻlib qolsin bu soʻnggi ahding.
Ketdik, qilganimni takrorla...
Kirish!.. Tranzeydan uzmay nigoh
Mehr toʻla koʻzlarida metin iztirob,
Oʻz koʻksiga Arriya nogoh
Xanjar urdi kulumsirab.
Ikkovlari qoʻrquv, shubhani yengib,
Nur taratib yulduz, oydayin,
Har yurakda qaytadan unib
Yotar edi olomonning poyida,
Bir lahza qoʻrquvga yon bergan erkak
qimmatin asradi oʻtli muhabbat.
Yashasin, ishq!
Maqtash kerak choʻqqini beshak,
Ammo, faqat balandligini!

Aytmatov. Stendal bunday degan edi: «Oʻz muhabbati uchun kurashayotgan ayol jasoratidan ham ulugʻroq nima bor?» Sen ham she’rda juda toʻgʻri aytibsan: ruhiy ulugʻlik maqtovga muhtoj emas.

Agar muhabbatning asosiy oʻlchovi muqimlik boʻlsa, qadim zamonlarda har bir xalq, har bir millat uni oʻz tushunchalari doirasida, diniy nuqtai nazardan idrok etgan. Qadimiy taqvimlarda, qoyalardagi rasmlarda, papirusga ishlangan gravyuralarda, qaro yer qa’ridan qazib olingan tosh tobutlarda marhum erining orqasidan narigi dunyoga ketish uchun oʻzlariga oʻzlari oʻt qoʻyib yuborayotgan ayollarning tasvirini uchratish mumkin.

Bunday vahshiyona urf-odat dunyoning turli burchaklarida rasm boʻlgandi. Masalan, Xitoydagi Xoynon orolining aholisi marhum er jasadini shoyiga yoki hayvon terisiga oʻrab tobutga qoʻyardi-da, oyoq-qoʻllari chirmab bogʻlangan tirik xotinni uning yoniga yetqizishib, oʻt yoqib yuborishardi. Agar er-xotin narigi dunyoga birga kesalar, u dunyoda ham baxtli turmushlarini davom ettiradilar, deb ishonishardi.

Gerodot kabi qadimiy muarrixlarning asarlarida ham shunga oʻxshash gʻaroyib hodisalar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarga duch kelish mumkin. Agar birorta asilzoda zot vafot etsa, narigi dunyo eshigini koʻp sonli xotinlaridan eng suyuklisi ochishi kerak edi. Ya’ni, eng suyukli ayol ham er jasadi bilan birga yoqib yuborilardi. Bu hol har xil mojarolarga sabab boʻlardi. Chunki, yaqin doʻstlar asilzodaning hayotlik paytida qay bir xotini eng suyuklisi ekanini aniqlab qoʻymoqchi boʻlardilar. Marhumning doʻstlari dafn marosimida qaysi xotin eng suyukli ekanini e’lon qilishgan chogʻda bechora suyukli ayol oʻzini bagʻoyat baxtli his etardi. Yaqin qarindoshlaridan biri «suyukli xotin»ni oʻldirib, marhumning yoniga yotqizib qoʻyardi.

Boshqa xotinlar esa dod-voy qilishardi. Negaki, ularning nazarida, marhum erdan keyin qolib yashashdan ham battar baxsizlik boʻlishi mumkin emasdi.

Sulaymon orolida agar yoʻlboshchi vafot etsa, dafn marosimiga toʻplangan ta’ziyachilar uning xotinini boʻgʻib oʻldirishardi. Keyin yaqin qarindoshlari, xizmatkorlari jazavaga tushish uchun zaharli giyohning sharbatidan ichishardi-da qabr tepasiga borishib, oʻzlarini dorga osib qoʻyishardi. Ularning tushunchasi boʻyicha, yoʻlboshchini narigi dunyoga yolgʻiz oʻzini joʻnatib boʻlmasdi.

Ayrim qabilalarda unashtirib qoʻyilgan qizning qalligʻi toʻsatdan oʻlib qolsa, qiz boʻyniga sirtmoq solib yurardi. Shu yoʻsinda boshi ochiqligini anglatardi. Umr boʻyi buynidagi oʻsha sirtmoq bilan yashashga majbur edi. Somo-somo qabilasining mashhur yoʻlboshchisi Ro-Mbiti Fiji orolida suvga choʻkib oʻlgach, marhumning oʻn yetti nafar beva xotinlari ham oʻldiriladi.

Qadimiy skiflar, yunonlar, litvaliklar oʻrtasida ham ana shunga oʻxshagan «muhabbatga sadoqat» hodisasi juda keng tarqalgan edi.

Shoxonov. Bu oʻrinda gap faqat muhabbat toʻgʻrisida emas, balki bid’atlar, koʻr-koʻrona taqlid toʻgʻrisida eslatib oʻtmoq lozim. Yaqin-yaqingacha Afrikadagi ayrim qabilalar orasida agar yoʻlboshchi yoki uning xotini vafot etsa, marhumga qoʻshib xizmatkorlarni ham dafn etish odati mavjud edi. Qurbonlikka ajratilgan xizmatkor-qullar bunday oʻlimni muqaddas deb bilardilar. Oʻshanday vahshiyona rasm-rusumlar ado etilayotgan marosimda bir marta tasodifan yevropaliklar ham qatnashib qoladilar. Ular qullarning yonini olmoqchi boʻladilar. Biroq, qullarning oʻzlari keskin norozilik bildiradilar: «U dunyoda xoʻjayinimizga kim ovqat qilib beradi?!» deyishadi.

Qadimiy hindlarning nayar qabilasi oʻziga xos oilaviy turmush kechirganlar. Yoshlar toʻydan keyin bitta uyda yashamasdilar. Kuyov otasining uyida, kelin ham oʻzining xonadonida yashayverardi. Kelin bir yil davomida faqat uch-toʻrt kungina erining uyida yashash huquqiga ega boʻlardi, xolos. Oilada bola tugʻilgandan keyin ham oʻsha odatga rioya qilinardi. Tez-tez umr boʻyi bir-birining oldida hech qanday moddiy majburiyatga ega boʻlmasdi. Har kim oʻz holicha bir kunini koʻrib yuraverardi. Qizigʻi shundaki, ular orasida qoʻydi-chiqdi kamdan-kam hollardagina roʻy berardi. Ehtimol, kamyob uchrashuvlar bayramona kayfiyatda kechgani uchun qoʻydi-chiqdi boʻlmas?

Dayak qabilasida uylanish va qoʻydi-chiqdi masalasi boshqalarnikiga oʻxshamasdi. Oʻsha elatning urf-odatlarini sinchiklab oʻrgangan etnograf Per Pfeffer: «Erkak ham, xotin ham qoʻydi-chiqdining teng huquqli tashabbuskori boʻlishi mumkin. Dayaklar bunday hodisaga tabiiy hol sifatida qaraydilar», deb yozadi.

Muhabbat va nikoh masalasi atroflicha oʻrganilgan boʻlsa-da, ammo millionlab baxsiz muhabbat tufayli singan taqdirlarning fojiasini koʻpchilik bilmaydi. Odamlar koʻzidan yashirincha roʻy bergan fojialar ham serob.

Aytmatov. Dunyoqarash va dunyo toʻgʻrisidagi tasavvurdan kelib chiqqan holda har kim muhabbatga oʻz yoʻlidan boradi. Lekin, inson tabiati shunday qurilganki, u tez-tez xato qilib turadi: oʻtkinchi hoyu havasni koʻpincha haqiqiy Muhabbat deb oʻylaydi. Asil muhabbat ogʻriq bilan keladi.

Ma’nan barkamol va iqtidorli insonlar kamdan-kam hollardagina bir-birlarini topadilar va turmush quradilar. Men xalqaro «Muhabbat qomusi» yaratilishini taklif etmoqchiman. Unda muhabbat tufayli dunyoga kelgan buyuk fazilatlar, jasoratlar, hodisalar oʻz aksini topishi kerak.

Shoxonov. Odamlar ahmoq boʻlgani uchun baxsiz emaslar.

Koʻp yillar muqaddam Moskvada boʻlib oʻtgan ijodiy kechamda zalda oʻtirgan tomoshabinlardan birovi savol berib qoladi. Esimda, oʻsha savolga bunday deb javob qaytargan edim: «Agar oʻn million nafar aholi istiqomat qilayotgan ulkan Moskva shahrida tom ma’noda baxtli boʻlgan, ma’naviy jihatdan bir-birini boyitadigan, ruhan yaqin, dunyoqarashi yaqin ming juft oila boʻlsa, shuning oʻzi ham juda katta voqea boʻladi». Keyin bafurja oʻylab koʻrib, oʻsha she’riyat oqshomida qiziqqonlik qilib, taxminiy baxtli oilalar miqdorini ancha oshirib aytib yuborgan ekanman, degan xulosaga keldim. Menimcha, haqiqiy muhabbat bu dunyodagi eng bebaho, kamyob hodisadir.

Men butun insoniyatni ikki toifaga boʻlgan boʻlardim: sevishga qodir boʻlgan insonlar va muhabbat tuygʻusidan benasib boʻlgan insonlar.

Hindistondagi buyuk saltanatning sohibi boʻlmish Shohjahonning suyukli xotini Mumtoz xonim vafot etgach, chinakam muhabbat egasi boʻlgan podsho bu yorugʻ olamda yolgʻizlanib qolgandek his etadi oʻzini. Uning gʻussador yuragiga qil ham sigʻmay qoladi. Bitmas-tuganmas xazina ham, ohu koʻzli malaklar ham shoh judo boʻlgan suyukli yor oʻrnini bosmaydilar. Shundan soʻng donishmad shoh oʻylaydiki, marhum rafiqasi sharafiga bu dunyoda betimsol boʻlgan ajoyib yodgorlik barpo etsagina gʻamboda koʻngul andak xotirjam boʻlishi mumkin. Ular 19 yil bir yostiqqa bosh qoʻyib yashagan, toʻqqiz farzand koʻrgan edilar. Shohjahon suyukli yorining xotirasi uchun benazir Tojmahal (XVII asr) osori atiqasini barpo etadi. Olamdagi yetti moʻ’jizaning bittasi sifatida tan olingan qorday oppoq oʻsha saroy hozir ham buyuk Muhabbat timsoli boʻlib turibdi. Hamon oʻz goʻzalligi bilan butun insoniyatni hayratga solayotir. Muhabbatning ma’lum bir qonun-qoidasi yoʻq. Lekin, yer yuzida muhabbatga oʻrnatilgan turli xil yodgorliklar juda koʻp.

Aytmatov. 70-yillarning oxirlarida Mariyam ikkovimiz Moskvaga borib, mehmonxonadan joy oldik. Bizning kelganimizni eshitib, bir oqshom sen huzurimizga tashrif buyurding va buyuk qozoq bastakori Yestoyning muhabbatiga bagʻishlangan she’ringni oʻqib berding. Menimcha, oʻsha asar bizning suhbatimizga xuddi uzukka qoʻyilgan koʻzday yarashib toʻshardi.

Shoxonov. Oʻsha asar «Shirin azob toʻgʻrisida ballada» deb ataladi. Uni jon deb oʻqib beraman.

Xalq mehrini qozongan «Xoʻrlan» nomli qoʻshiq yaratgan shoir Yestoy yetmish ikki yoshga toʻlib, ajali yetganini sezib, sadoqatli doʻsti Nurlibekni huzuriga chorlaydi. Nurlibek otdan yiqilib oyogʻini sindirib olgan edi. Lekin, doʻsti chorlayotganini eshitib, aravani qoʻshdiradi-da ikki kechayu ikki kunduz yoʻl yurib, doʻsti Yestoyning huzuriga yetib keladi.

Shoirning barmogʻida vaqt oʻtishi bilan xiyla yupqalashib qolgan tillo uzuk bor edi. U qaltiroq qoʻlini yuqori koʻtarib: «Chollarga aytgin, Xoʻrlan sovgʻa qilgan manavi uzukni barmogʻimdan yechib olishmasin. Ellik bir yildan beri shu uzukdan ajralganim yoʻq. Oʻlimimdan keyin ham men bilan birga boʻlsin», deydi. Soʻng, yum-yum yigʻlay boshlaydi: «Oh, sevgilim, mana shu kichkina uzukka netib buyuk tuygʻularingni joylab qoʻygansan-ey!»

Gʻam-anduh-la huzurimga keldi ayol,
Soʻzlamadi, nazarimda, boʻzladi:
«Nima qilay, qizginamda bir xayol,
Shamdek soʻnar, ozib-toʻzgʻigan?
Umrim boʻyi undan koʻzim uzmadim,
Boʻy yetganini koʻray koʻzlarim tirik,
Nima desa qildim, soʻzin buzmadim,
Oiladir avlodlarga koʻprik.
Binoyidek ta’lim oldi, boʻyi oʻsdi,
Odob-axloq bobida-ku tengsizdir,
Nima deyin, har sohada zap oʻzdi,
Ammo, faqat oiladan baxsizdir.
Shu kungacha alam nima, gʻam nima
bilmas edik, faqat oʻsha jarohat
yuragimni pora-pora tildi-ya,
koʻtarildi yuragimdan farogʻat.
Qaygʻu uchun uch yil muddat — cheksizlik,
Shodlik boshqa, oʻlchanmaydi yil bilan.
Faqat artist shodmon yurar, gʻamsizdir,
Xayolida musiqayu doʻmbira.
Xotiniyu yana olti bolasi
Menga qolgan barcha tashvish, yupatish.
Yildan yilga oqar koʻzim jolasi,
Qizim boʻlsa toʻla-toʻkis baxtiyormish.
Kulib turib u qaytargan yigitni
Siz soʻramaig, men aytmayin kimligin...
U kalta soch, esipastdek oʻzin tutadi,
Jizgʻanagi chiqib ketgan oʻtloqdan
Balki, koʻm-koʻk shira oʻtlar kutadi...
Hali-da kech emas, bordir imkoni,
Oldinda turibdi butun bir hayot.
Qalbda-chi, xafalik — tordir osmonim,
Anduh toʻla yuragimning bayoti.
Unga nima, yoʻq ekanmish yoqqani,
Lek kechalar hoʻl chiqadi yostigʻi.
Qarabsizki, tong ohista otarkan
qaytaradi toʻtiqushdek baxtini.
Uning qalbi boychechakday nav nihol,
Qanday asray gulga kirgan bu bogʻni?
Maslahat ber, shoirim, sen soʻzi bol,
Bir soʻz aytgin, ochsin qizim qarogʻin...»
Gʻamnok ona qaytdi iziga,
Oʻz gʻamida oʻz holicha haq.
Jaranglaydi quloqda soʻzi,
Oʻylatadi, ochadi koʻzni:
Tugamoqda, mana, asr ham,
Oʻtib ketdi ne-ne insonlar.
Biz sezmadik, oʻtdi sezdirmay,
Eslanmayin qalbi osmonlar.
Mahbubasin kuyladi shoir,
Ular nomin xalqi unutmas.
Qalbim yoqdi Yestoyning she’ri —
Xalqin eslar, unutib boʻlmas.
Bu haqda bor shunday rivoyat
Oʻlim oldi Yestoy bir kuni,
Chaqirtirib olisdagi doʻstini
va soʻzlabdi ajib hikoyat:
«Hoy, Nurlibek, shuncha yillar birdayin
uzangida yorugʻ kunlar oʻtkazdik.
Hayotimni jang qilmasdan bermayman,
Ammo oʻlim kuchli, sezib turibman...
Tushunasan shoirning sen yuragin,
Shu bois chorladim seni soʻnggi dam.
Hayot-mamot chizigʻi oʻtgan —
Ushbu joyda haqikatni angladim:
Hayot baravj ishqqa toʻla kunlardir,
Muhabbatsiz inson qalbi bir boʻshliq.
Buni bilar hatto «ahmoq» shoirlar,
Tarjima qilarlar yoniga qoʻshib.
Daryo tili, togʻlar nutqi — Menga ma’lum.
Tillashdim. Yarim asr kunday oʻtdi,
Xoʻrlan bilan sirlashdim.
Demakki, yashadim. shunchaki emas.
Uning orzusida uygʻonib-yotdim.
Shuncha yil har soat baxtdan edim mast.
Har soat shuncha yil anduhga botdim.
Muhabbat dardida sezmam ochunni,
Biroq, goʻzal, nurli edi qalbimda ogʻriq.
Koʻzyoshimga hasad hilar oshiqlar,
Ular endi gulga kirgan olchami?
Mayli, taqdir menga boʻldi qattiqqoʻl,
Kasal emas, hijronlar kechar mushkul,
Ayricha ketgandi hayotimda yoʻl,
Tirik qoldim ishq tufayli hartutul.
Yarim asr yarqirar Xoʻrlan uzugi.
Yengdim qancha toʻfonlarni yoʻlimda.
Yarim asr yorim koʻzin uzmadi,
Oʻzi porlab, nur taratdi qoʻlimdan.
Ajdodlar odati meni kechirsin,
Zorimni eshitib, etsin istisno.
Xoʻrlanning uzugin qoʻlimdan yechmasin,
Olis yoʻlda menga boʻlsin oshno.
Men keturman boyagiday baxtiyor,
Jon holatda ishqim bilan omonman.
Umid koʻzim shuni etdi ixtiyor —
Barcha yoʻllar eltar Xoʻrlanga tomon.
Hayotda erishgan orzu orzumas,
Mening orzuim — mangulikka daxldor.
Xoʻrlan men-la doim birga, narimas...
degancha olamdan Yestoy oʻtadi».
Qachonki, Xoʻrlanga yetgach bu xabar,
dedi shodmon: «Yestoy, Yestoy, tanidim,
Shoirga munosib quvonch va qadar —
To soʻnggi damgacha sezdim, kuylading».
Va «uv-v» tortdi aytib mehrini kampir.
Yelkada oq roʻmol oyday nurlanar,
U aytgan aytimda muxtasar taqdir,
Muhabbat shunchayin zanjirlar solar.
Yillar oʻtdi...oʻlimga-da berib yoʻl,
Fikran yengib doʻzax azobin,
Suyukli u koʻzlar, kuylangan bir yoʻl
boʻlsa-da, Yestoyning soʻrar qoʻshigʻin...
Yo xudoyim, bir noziklik yuzda aks etdi,
Va xasta dil dedi hansirab:
«Muhabbatim juda cheksiz,
misoli dengiz... Sen tomon shoshaman...»
Jon uchar, yorab!
Sevgan dilni soʻkma, ne qilding yanib,
Sevgiga sadoqat — jasorat axir.
Musibatdir sevgi oʻtsa aylanib,
Joy bermasa unga yurakdan taqdir.
Ona, hasad yiqar odamni,
Goʻzallikni koʻrolmas koʻzdan
etib turgan ogʻriqlar kammi?
Ular bir kun topar oʻzini,
Biroq, sevgi shundayin in’om —
Uning dardin Haqdan qidirsin.
Ularni qoʻy, toʻla boʻlsin jom,
Koʻzyoshingmas, sharob simirsin.
Baxtim deya chopgan kunlarning
qanotlari boʻlar qayrilgan.
Baxtin tila, alqa ularni.
Kim aytadi oʻlim ayirgan,
Muhabbat, aslida, abadiy Vatan!

Aytmatov. Senga ikki-uchta voqeani aytib bermoqchiman. Bular toʻgʻrisida yoshlik paytimda oʻqigan boʻlsam ham hozirgacha esimdan chiqmaydi. Buyuk mutafakkir Iyeremi Bentamning muhabbatga sadoqati alohida bitta doston boʻladi. Oʻsmirlik paytida u bir qizni yaxshi koʻrib qoladi. Unga turmush qurishni taklif etadi. Biroq, qiz rad qiladi. Oradan yillar oʻtadi. Bentam oʻzi tanlagan qizni hamon yaxshi koʻrib, soʻqqabosh boʻlib yuraveradi. Oltmish yoshga yetgach, sevgilisiga maktub yoʻllaydi, hamon yaxshi koʻrishini bayon qiladi. Biroq, bu safar ham rad javobini oladi.

Aytishlaricha, oʻsha qiz toʻgʻrisida gap ochilib qolsa — bas, Bentam darrov koʻzlariga yosh olib, birdan hayajonlanib ketar ekan.

U sakson yoshga toʻlgach, sevgilisiga eng oxirgi xayrlashuv maktubini yoʻllaydi: «Jonginam, men hali hayotman. Oʻn olti yashar paytim senga gullar taqdim etgan damlarda qanchalik yaxshi koʻrgan boʻlsam, hozir ham oʻshanday sevaman. Men seni sevaman. Shunday muhabbat hadya qilgan taqdirimdan roziman. Alvido!»

Mashhur ingliz sarkardasi, gersog Vellington moʻ’jizaviy ham gʻamboda muhabbatni boshidan kechiradi. Koʻpchilik asilzoda xushtorlarning oromini oʻgʻirlab qoʻygan goʻzal Katerina gersogga moyillik bildiradi. Ular saodatli kunlarni birgalikda oʻtkazadilar; bir-birlarini umrbod sevishga qasam ichadilar. Biroq, Katerinaning otasi lord Gongford qizini oʻsha yigitga erga tegishini aslo istamaydi. U ikki oyogʻini bitta etikka tiqib turib oladi. Vellingtonni Hindistonga harbiy xizmatga joʻnatib yuboradilar. Hurliqo Katerina esa suyukli yorini kutib yashayveradi. Toʻqqiz yildan soʻng vataniga qaytgan Vellington sevgilisi Katerinani tanimay qoladi. Vaholanki, kechasiyu kunduzi faqat shu qizni oʻylardi. Yigʻlayverib yuzlari shishib ketgan Katerina betiga yopigʻlik turgan pardani ochishga zoʻrgʻa rozi boʻladi. Chechak uning gulchehrasini badbashara qilib yuborgandi. Lekin, bu hol Vellington uchun toʻsiq boʻlolmaydi. U dabdabali toʻy qilib, sevgan yoriga uylanadi va baxtli hayot kechiradi.

Shoxonov. 50—60-yillari Gʻarbiy Yevropada paydo boʻlgan «jinsiy inqilob» butun dunyoni zabt etadi. Bu xavfli kasallik insondagi eng bebaho fazilatlardan birini — uyatni mahv etib yuboradi. Jinsiy aloqalar erkinligi bayrogʻi ostida buzuqchilik targʻib qilinadi. Bunday bema’nilik zamonaviy madaniyat sifatida talqin etiladi. Shu munosabat bilan kimdir zaharxanda qilgandi: «Pornografiya — oʻlikxonada yotgan xunasaning muhabbati».

Darhaqiqat, olimlarning e’tirof etishicha, inson salomatligini va ruhiy tetikligini saqlab turish uchun uchta narsa kerak ekan. Birinchisi — oziq-ovqat. Ikkinchisi — uyqu va yaxshi kayfiyat. Uchinchisi — muhabbat yoki jinsiy aloqa. Inson ovqat yemasa, kuch-quvvatini yoʻqotadi. Toʻyib uxlamasa, odam kasal boʻlib qolishi mumkin. Jinsiy aloqadan mahrum boʻlgan odamning tabiati keskin oʻzgarib ketadi. U jizzaki boʻlib, ishchanlik qobiliyatini yoʻqotadi. Oxir-oqibat jinni boʻlib qolishi ham hech gap emas. Shu sababdan qadimiy donishmandlar insonning jinsiy hayotiga alohida e’tibor beradilar. Jinsiy muloqot tuygʻusi ma’naviyat bilan boyitilishi kerak.

Yer yuzasidagi odamlar har xil tillarda gaplashadilar. Biroq, faqat bitta tilda — yurak deb atalmish zabonda sevgi izhor qiladilar, quvonadilar, sogʻinadilar. Yanglishmasam, Amazonka sohillarida yashaydigan bitta qabila a’zolari yuzma-yuz oʻtirib ovqatlanishni oʻtaketgan odobsizlik deb hisoblashar ekan. Boshqa masaladarda hech qanday axloqiy gʻov yoʻq emish. Balki, jinsiy inqilobning ilhomchilari Amazonkada yashaydigan yovvoyi qabiladan boʻlmagʻur gʻoyalarni oʻzlashtirib olishgandir? Nima boʻlganda ham, asrimizning eng katta fojiasi shundan iboratki, inson hayotidan axloq va uyat haydab chiqarilayotir.

Hozir tadqiqotchilar bir-biriga qarama-qarshi boʻlgan ikki xil fikr bildirmoqdalar. Ayrimlari buyuk muhabbatlar davri qaytmas boʻlib ketganidan chinakamiga qaygʻurayotgan boʻlsalar, boshqalari esa kelajakka umid bilan qaramoqdalar: chekinish vaqtincha boʻldi, insoniyat ertami-kechmi, albatta oʻzining qudratli manbaiga — Muhabbatga qaytajak, deb hisoblaydilar.

Xuddi ana shu mavzuga bagʻishlangan «Adashgan koʻzlar» nomli she’rimni oʻqib beraman.

Har gal maqtarkan yorin
Osmon qadar shoir
Charchamas shunday demoqdan:
«Bu dunyoda ayol yoʻqdir,
Sevgilimdan goʻzal,
jozibu hurliqo boʻlsin!
U tengi yuq taqdir!»
Bunday she’rdan ruhlangan
Bir hukmdor oshiqur
Oʻsha «tengsiz» yorni koʻrmoqqa.
Qarshisida, ammo, qarang,
Har kun koʻrib yurgan tasqara
xizmatkoru oshpazdan
tuki, tusi oʻzgamas,
oddiygina nozik qiz turdi...
Taajjubdan hayron boʻldi shoh,
va shoirni oldi gʻazabga:
«Shumi aytgan seni goʻzaling,
Senga garchi koʻplar qiladi hasad.
Ammo, qani oʻsha did, farosat?»
Shoir magʻrur javob qildi:
«Xafa boʻlmang, shahanshohim,
shon-shavkatli, kuchli siz.
Ammo-lekin, bir tuygʻu bor,
sezmagansiz uni siz.
Qarang, qizning yuzigamas,
nomus-ordan qoʻrgʻon qalbiga,
va albatta qarang unga
mening koʻzimdan...
Aks holda, tanimassiz
muhabbatning saroyida
kimlar shohu kimlar gado!»
Va ming yildan soʻng
Shahvatlar kemirgan,
Kam qonlik yuzga urgan,
Rangi sariq,
Shaxsiy vijdon, nomusga ega,
Bagʻri toshdek,
axloq — moshdek,
Lekin, texnik bilimli
Qora tutday
Koʻzoynagi-la
bizga peshvoz,
shahdam qadamlab
kelayotir
kuch-qudratli
XXI asr.
Xudoyim-ey, unga ne boʻldi?
Joyidamas koʻzlari,
Qaraganda
mish-mish soʻzlarga
ular beldan
pastda emish.
Balki, ular choʻntakda,
yana qaydam...
Olis asrlik shoir
Muhabbatni anglash,
va baholash uchun
Taklif qildi:
tikilishni
inson koʻziga
qayerdan keldigu?
Boramiz qayga?
Shurost boʻlsa, dahshat.
Ortda yoʻl yoʻq,
Ammo yoʻlni istaydi koʻngil...
Dilda esa bir
tashvishli chakin...
Achinaman qizimga
Oʻz joyiga qaytarmasa
koʻzlarini XXI asr.

Aytmatov. XX asrda insoniyat ikki marta jahon urushiga va koʻplab mintaqaviy xunrezliklarga guvoh boʻldi. Yadroviy sinovlar, halokatli zilzilalar, fazoni oʻzlashtirish va shu bilan bogʻliq boʻlgan yuksak ilmiy-texnikaviy taraqqiyot ham roʻy berdi. Ayni paytda bobolarimizning ming-ming yillik tajribalari natijasida sinovlardan oʻtib, sayqal topgan ma’naviy-axloqiy mezonlar misli koʻrilmagan darajada tubanlashib ketdi. Muhabbat deb atalmish buyuk tuygʻu — hayot manbai, hayotni harakatga keltiradigan qudratli kuch ham oʻzining asil mavqeini yoʻqotib borayotir, yoshlar tomonidan behuda ermakka aylantirilyapti. Mening nazarimda, insoniyat istiqomat qiladigan jamiyat uchun faqat yadroviy urushgina bundan-da dahshatli xavf solishi mumkin. Toʻgʻri, biz koʻp narsalarga erishdik. Afsuski, yoʻqotgan narsalarimiz ham undan-da koʻproqdir. Xususan, qadim zamonlardan buyon insoniyatning tayanchi boʻlib kelayotgan axloqiy-ma’naviy prinsiplarni boy berib qoʻydik. Ishonchim komilki, Andrey Voznesenskiy: «Agar inson buziladigan boʻlsa, jamiki taraqqiyot reaksiondir!» deganda aynan mana shularni nazarda tutadi. Iltimos, «Beshinchi erkak» nomli she’ringni oʻqib bergin! Bir paytlar oʻsha she’ring menda juda katta taassurot qoldirgandi. Ustiga ustak, nazarimda, bugungi suhbatimiz ham poyoniga yetib borayotir.

Shoxonov.

Or-nomus aziz boʻlgan
Qadim Oʻtrorda
Fidoiy bir yigit
Ofatdan yurtini saqladi.
Evaziga hukmdor buyurdi taqdirlashni:
«Uch boylikni senga aytaman,
Ammo, birin tanlashing lozim.
Biri — aql, donolarga munosib,
Parvozingdan olam holar lol.
Biroq, kutar seni yolgʻizlik.
Ikkinchisi — goʻzallik boʻlar,
Seni koʻrib qamashadi koʻz,
Uygʻotadi hasad goʻzallik.
Eng oxirgi tuhfam — saxovat,
Ota yurtday bepoyon bir qalb —
Dushmanlarni doʻst hiladi u».
Jasur yigit oʻylanib dedi:
«Oʻ-u, shahanshoh, minnatdorman,
lek eng yaxshisi — ayol sovgʻa qil,
Aytganlaring boʻlsin mujassam.
Men erkakman, bahoriy daryo,
Oʻzanimdan tosharkan ba’zan
Suv bosadi boshqa qirgʻoqni.
Men erkakman, yukim ogʻirdir,
Va koʻngilchan, hozirjavobman,
Ishonaman inson soʻziga,
Biri yaxshi, birovi olgʻir.
Ayol kerak gapning ochigʻi.
Oʻsha ayol menga ishonsin,
Kechirolsin zaifliklarim.
Gʻalabaga ilhom berolsin,
Men oʻlaman unday ayolsiz!»
Oradan koʻp oʻtdi asrlar,
shu kungacha erkak xayoli
Ba’zan topar, goho yoʻqotar
Oʻshandayin ayolni.
Biroviga nasib etdi
goʻzalligu aql, saxovat,
Irodasin yoʻqligidan
Qushcha qoʻldan uchdi-ketdi.
Ikkinchisin yoʻldan urdi
besabrlik odati.
Bu shoʻrtumshuq koʻrganini
etagiga oʻtdi osilib.
Kuchli edi uchinchi erkak,
Koʻr-koʻrona ishonardi kuchiga.
Mehr-shafqat boʻldi begona.
Bunday inson oʻxshab ketar
Bargin toʻkkan qishki daraxtga.
Toʻrtinchisi kerak lahzada
sustlik qildi yetmay qadriga
muhabbatni qildi zaxa.
Faqatgina beshinchi erkak
Ishonadi orzusiga,
albatta yetar bugun, balki ertaga.
Hamroh boʻlsin unga omad!
Juda koʻpdan qatnashmaganman,
Toʻylar qilsin — beshinchi odam!

Aytmatov. Kimning peshonasiga Beshinchi boʻlish yozilgan? Axir, kurrai zamin yaratilgandan buyon million-million odamlar muhabbatning orqasidan quvlaydilar. Unga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Azal-azaldan buyon haqiqiy erkaklarning asil maqsadi — ruhan, tabiatan, tashqi koʻrinishidan oʻziga yoqadigan qalliq topishdan iborat boʻlgan. Faqat iste’dodli insongina chinakamiga sevishi mumkin. Hayotda esa iqtidorsiz, bir pulga qimmat, oʻrtamiyona odamlar tiqilib yotibdi. Muhabbat borasida ham shunday. Tuygʻularning Everest choʻqqisiga kamdan-kam inson chiqadi.

Odam Ato bilan Momo Havo zamonidan beri muhabbat deb atalmish sehrli qudrat mavjud. U insonlarni goh suyuntiradi, goh gʻam-gʻussaga botiradi, gohida umid bagʻishlaydi, gohida umidlarini puchga chiqaradi. Nima boʻlishini hech kim bilmaydi. Muhabbatni har kim uzi koʻrishi kerak. Bu tuygʻuni har kim oʻz tajribasida sinab koʻrishi lozim. Biz bugun bu haqda goʻyo arvohlarga qarata soʻylab oʻtirdik. Ayollar masalasida fikr yuritdik. Hayotning tor yoʻlida uchratganlarimizni eslashdik. Sirlarimizni oʻrtoqlashdik.

Ehtimol, yana bir nimalar toʻgʻrisida gaplashishga ulgurmadik yoki nimalarnidir esimizdan chiqargan boʻlishimiz ham mumkin. Axir, istigʻfor paytida oʻy-xayollar parishon boʻlib ketadi, sira tutqich bermaydi. «Doʻstlik yoʻqolgan joyda jamiyat buziladi. Muhabbat yoʻqolgan joyda avlodlar azobini tortadi», deganlar Muhammad paygʻambarimiz.

Qirgʻoqdagi qoyalarga tap tortmasdan urilayotgan toʻlqinlar misoli bizning yoshligimiz ham dengiz qa’riga qaytmas boʻlib singib ketdi. Shamol esayotgan kunlarda dengiz toʻlqinlariga qarab turib, beixtiyor yurak hapriqib ketadi. Endi bizning yoshimiz xuddi oʻsha toshloq sohilda osoyishta chayqalib turgan suvga oʻxshaydi.

Bizning orqamizdan bu dunyoga yangi qanot chiqargan avlod keladi. Ular oʻz kemalarining yelkanlarini Hayot deb atalmish toʻlqinlari pishqirayotgan dengiz tomon toʻgʻrilaydilar. Inshoolloh, biz uchun oʻtib boʻlmas darajada yuksak boʻlib koʻringan qoyalar ularga gʻov boʻlmasin; har xil shubha-gumon uygʻongan sertashvish tumanli kunlarda ularning kemalari suv ostidagi qoyalarga urilmasdan omon-eson oʻtib olsin; bizning oʻshalmagan orzu-armonlarimiz ularning hayotida roʻyobga chiqsin!

III- qism
 
Keyingi