OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifChingiz Yoʻrik
Asar nomiOdamlarni yolgʻiz qoldirmang (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Qirgʻiz adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Chingiz Yoʻrik
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHikoyat Mahmudova
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Odamlarni yolgʻiz qoldirmang (hikoya)
Chingiz Yoʻrik

Avtomobilning eshigi ochildi-da, ojiz nur qorongʻilikni tilib oʻtdi, bola stakandagi choyni toʻkib yubormaslikka tirishgancha patnisni mashina ichida oʻtirgan odamga uzatdi.
— Yashavor, Mahmud!—dedi orqa oʻrindiqda oʻtirgan kishi.—Har doimgidek issigʻidan olib kelibsan.

Bola jilmaydi, bu yoqimtoygina sepkilli oʻsmir edi.
— Tezroq bu yoqqa chiqa qol, boʻlmasa sovqotib qolasan,— dedi aynan oʻsha odam.

Bola mashina ichiga shoʻngʻidi. Rul oldida yana bir odam oʻtirardi. U yoshgina boʻlib, koʻzoynak ortidan muloyim qarab turardi.
— Kechga qolasanmi, deb qoʻrquvdik, hatto xavotir ola boshlagandik. Radioda bolalar uchun eshittirish boshlangan boʻlsa kerak-a?

U priyomnikni burab, kerakli stansiyani topdi: bolalar xori ijrosida qoʻshiqlar eshittirishmoqda edi.
— Iye, buni qara-ya,— deya norozi ohangda gapirdi u,— ertak tamom boʻlibdi-ku
— Hechqisi yoʻq,— dedi orqada oʻtirgani,— toʻrt kundan keyin yana eshittirishadi. Oʻshanda Mustafoni ham olib kelgin.

Mahmudning sepkilli yuzida oʻkinch ifodadanib, labini tishladi.
— Mustafo uxlayapti. Men unga harchand uxlama, desam ham, bari bir uxlab qoldiyu

Koʻzoynakli yigit kulimsiradi:
— Axir, u hali kichkina-da, besh yoshda oʻzini tutib turish qiyin. Sen boʻlsang, har holda, kattasan-da.
— Onam ham, Mustafo bari bir uxlab qoladi, deydilar.— Uning lablari irgangandek burishdi.— Kecha boʻlsa, Shinasi amaki, u hatto karavotini. bulgʻatib Qoʻydi.

Koʻzoynakli kishi kulib yubormaslik uchun bir necha marta yoʻtalib qoʻydi. Uning oʻrtogʻi esa, Mahmuddan yuzini berkitib, jon-jahdila roʻmolchasi bilan burnini artardi. Erkaklardan birinchisi:
— Dadang sayohatdan qaytib kelganidan keyin, sizlarni tanimay qolsa kerak, axir, kap-katta boʻlib qoldinglar-da,— dedi.
— Ayniqsa, sen, Mahmud. Maktabga boryapsan, baholaring ham chakki emas. Rosa sevinadi-da, toʻgʻrimi?
— Bilmadim,— deb javob berdi bola, bir nuqtaga tikilgancha,— onamning aytishlaricha, otamning ketganiga roppa-rosa yetti oy boʻlibdi.— Birdan u sergaklandi.— Shinasi amaki, otamni tanirmidingiz? Siz-chi, Xakki amaki?
— Men faqat rasmini koʻrganman,— negadir ohis-ta, choʻzib dedi Xakki.— Lekin u haqida koʻp eshitganman.
— Otam bilan tanishganingʻizda u sizga judayam yoqib qolishi turgan gap! Albatta doʻst boʻlib olasizlar.

Erkaklar indamay bir-birlariga qarab olishdi. Dunyoda bolaning samimiyligidan ham goʻzalroq narsa bormikin? Goʻyo bir vaqtning oʻzida ikkovlari ham shu toʻgʻrida oʻylab, bu fikrni tasdiqlagandek bosh irgʻashdi.
— Otam ertalab azonda ketgandi. U ketayotganda biz Mustafo ikkalamiz hali uxlab yotgandik. U oyimga bizni uygʻotmagin, debdi. U bizga albatta chiroyli oʻyinchoqlar olib keladi. Xakki amaki, abadiy yoʻl degani nima?

Erkak choʻchib tushdi:
— Nima haqda gapirayotganingni tushunmadim?
— Men abadiy yoʻl degani nimasi, deb soʻrayapman? Togʻam oyimga doim, kuyovim abadiy yoʻlga ketgan deb gapiradi. Men xonaga kirib kelganimda esa, u darhol jimib qoladi.
— A-a-a,—dedi Xakki ismli kishi,— bu abadiy emas, bu degani, ya’ni, uzoq yoʻl degani. Ular dadangning ketganiga ancha vaqt boʻldi deyishmoqchi, shekilli.
— Demak, agar yetti oy oʻtgan boʻlsa, «juda uzoq» deyisharkan-da, a, shundaymi, Xakki amaki?
— Ha, ha,— deya shosha-pisha javob qildi erkak,— xuddi shunday. Kunlar, oylar oʻtaveradi, yil fasllari oʻzgaraveradi, mana shularni «juda uzoq» deyishadi.
— Otam ketayotganda kunlar issiq edi, endi boʻlsa sovuq tushdi. Sovuq boʻlganda odamlar choy yoki salep ichishadi. Agar hozir yoz boʻlganda edi, biz muzqaymoq yegan boʻlardik, toʻgʻrimi, Shinasi amaki?
— Albatta, Mahmud,— deya javob qildi koʻzoynakli yigit.
— Sizlar yozda ham kelasizlar-a, Shinasi amaki?
— Kelamiz, abadiy yoʻl tamom boʻlmaguncha kelaveramiz.
— Esing joyidami oʻzi? — deya pichirladi Xakki oʻrtogʻini turtib.

Mana shunda Shinasi beixtiyor bundan yetti oy burun nimalar sodir boʻlgani haqida oʻylab ketdi.

Ertalab soat oʻn edi. Iyunning issiq kunlaridan biri. Shef uning qoʻliga ikkita papka tutqazdi.

«Mana shu ishlarni haftaning oxirigacha -tartibga keltirish lozim»,— dedi u. Shinasi papkalarni olib chiqishga chogʻlandi. «Toʻxta,— dedi shef,— bu ishlarni qoʻya turchi. Men senga bundanam mas’uliyatliroq topshiriq topshiraman. U sening xizmatda koʻtarilishingga yordam beradi. Toʻgʻri, bu ishni Xakki olib boryapti. Birga ishlaysanlar: ba’zida ikkovlaring, ba’zida galma-galdan. Faqat qosh qoʻyaman, deb koʻz chiqarmanglar. Nozik ish». Shef stol tortmasini ochib, u yerdan gazetadan qirqib olingan parchani olib Shinasiga uzatdi,

«Bilaman, bilaman,— deya mingʻilladi u, matnga koʻz yugurtirgancha.— Bu bilan nima qilish kerak?»—«Nima qilaman, deganing, nimasi? Tushunmadingmi? Bu odam xorijga qochishga muvaffaq boʻlgan, lekin xotini ikki bolasi bilan bu yerda qolgan. Ularning juftakni rostlab qolishlariga xalaqit berish kerak. Buyruq juda qat’iy. Ularni bir daqiqayam koʻzdan qochirmanglar. Har kuni ertalab sen yoki Xakki ishning holati haqida xabar qilib turasizlar. Uyni doim kuzatib turinglar. U yerda kimlar boʻladi, hammasi haqida batafsil ma’lum qilib turinglar. Sizlarning ixtiyorlaringizga kulrang mashina beriladi. Balki, yashirin tashkilot iziga tushishga muvaffaq boʻlarmiz. Asosiysi — bir uchini ushlab olinsa bas. Sizlar yoshsizlar, ishning koʻzini bilasizlar, kurslarni tugatdinglar. Butun ishonchim sizlardan. Shunday qilib, ishga.»

Oʻshandan beri Shinasi bilan Xakki shu ish bilan shugʻullanishadi. Ular kuzatishayotgan uy yogʻochdan ishlangan koʻhna, ikki qavatli boʻlib, bunaqa uylar Istambulda son mingta.

Uy oldidan qayroqtosh yotqizilgan koʻcha oʻtadi. Uyning qarshisida, xiyol chaproqda — yalanglik bor. Ularning mashinasi xuddi_ ana shu yerda turadi. Har kuni ertalab ular raport yozishadi.

«Soat 10.00 da qochoqning xotini Ruqiya uydan chiqdi. Bozorga xarajat qilish uchun yoʻllandi. Soat 11.00 da qaytib keldi».

«Dorixonaga kirdi. Uyqu dorisi sotib oldi».

«Uy oldidagi toshkoʻchada koʻpincha ikkita bola oʻynab yuradi. Kattasining oti Mahmud, kichiginiki — Mustafo. Mahmud 2-sinfda oʻqiydi. Maktab muallimining ismi Mujgon. Mazkur maktabda oʻn yildan beri ishlaydi. Bugun, uy oldidan oʻtib keta turib, toʻxtab bolalarni erkalatdi hamda balkonda turgan ularning onalari bilan ham gaplashdi. Kichik Mustafo bugun juda koʻp yugurgani uchun issigʻi koʻtarilib ketdi. Kechqurun doktor keldi, keksa, oilaviy vrach. Dere koʻchasidagi, 16-uyda turadi...»

«Vrach qatorasiga uch kun keldi. Uyga koʻpgina qoʻni-qoʻshnilar ham chiqib turishadi. Ismlari, familiyalari, adreslari...»

«Bugun maktabga keta turib Mahmud koptok oʻynadi. Koptok bizning mashinamizning gʻildiragi tagiga yumalab keldi. Koptokni olib, bolaga berdik. Shu bahona u bilan tanishib oldik, saqich bilan mehmon qildik...»

«Bugun koʻcha issiq. Mahmud bizga muzdek suv olib kelib berdi. Bolalar hech nimaga tushunishmaydi. Lekin uydagilar, aftidan, biz haqimizda fahmlashadi, shekilli...»

«Bolalarning togʻasi tez-tez kelib turadi. Kechasi soat ikkigacha xonada chiroqyonib turadi. Uydagilar uchta gazeta olishadi. Gazetaning nomlari...»

«Bugun ayol qoʻshnisi bilan kinoga bordi. Filmning nomi...»

«Mahmud bilan Mustafo bizning oldimizga tez-tez kelib turishadi. Bolalarning onasi bosh ogʻrigʻidan azob chekadi. Bolalar, otalari pul ishlashga ketganligi, tez orada kelishi lozimligini bilishadi. Ular uylarida ikki shkaf kitob borligini aytib berishdi. Aynan qanday kitoblar ekanligini bolalar bilishmaydi.»

«Oila hayotida hech qanday oʻzgarish yoʻq, taxminimizcha, kutilmaydi ham. Bu ish bilan yana qancha shugʻullanish kerak?»

Hisobotlarning oxiri yoʻqqa oʻxshab koʻrinardi.

Kuz keldi. Mahmud maktabga bora boshladi, Mustafo esa koʻchada bir oʻzi oʻynardi. Borgan sayin koʻcha boʻm-boʻsh boʻla borardi. Sovuq tushib qoldi. Mahmud maktabdan qaytgach, aka-ukalar uyda qolishardi. Kechqurun, qorongʻi tushgach, Mahmud bilan Mustafo avtomobilning oldiga radio eshitgani kelishardi. Erkaklar, bolalar otalarisiz yolgʻiz ekanliklarini his etishar va kun oʻtgan sayin ularga koʻproq achinib, beixtiyor bolalarga bogʻlanib qolishayotganini oʻzlari ham sezishmasdi. Mudhish xayolot ichra yurakni orziqtiruvchi mehr-muhabbat hislari sizib chiqardi. Yo bu uyning yolgʻizligimi, yoki bolalarning himoyasizliklarimi, yoki ularning onalariga boʻlgan beixtiyor hurmatmi, yanada aniqrogʻi, bularning hammasi birgalashib, bolalarga nisbatan dillarida sevgi uygʻotardi. Bu his shafqatsiz ravishda ulgʻayib borar va endilikda buni yengishga ularning qudratlari yetmasdi.

Shinasi bilan Xakki mazkur ta’qibdan siqilmoqda edilar; kuzning soʻnggi kunlari nim yoritilgan uydan koʻz uzmaslik, har doim uy yumushlari bilan kuymanib yuradigan bagʻri kabob, mungli ayolni koʻrish, hech narsaning farqiga bormaydigan va onalari otalarining fufaykasini buzib toʻqiyotgan yangi sviterni qachon kiyarkanmiz, deb betoqatlik bilan kutayotgan bolakaylardan ham shubhalanib kuzatib yurish jonilariga tekkandi.

Nega endi ular andishasizlik bilan bu oilaning hayotiga aralashishadi? Odamlarning hayotidan ularni qoralaydigan nimanidir qidirib, ta’qib qilishning nima hojati bor? Bu qilayotgan ishlaridan, xizmatlaridan, bu odamlarni isnodga qoldirib qandaydir ifloslikni qidirishdan uyat hissi qamrab olgandi, axir, beayb parvardigor deganlaridek, har bir tirik jonda albatta qandaydir kamchilik topiladi, bu tabiiy hol.

Bolalarning shaffof dunyosiga toʻqinishga, ularni soʻroqqa tutish, uyda nimalar boʻlayotganini ulardan soʻrab-surishtirish, ulardan ta’qib uchun foydalanishga kim huquq berdi? Bolalar esa hech narsani bilishmaydi, ularga otalarining qochib ketganligi noma’lum. Ular otalarini kutishadi, u oʻyinchoqlar olib keladi, deb ishonishadi. Otalari kelgach, hammasi yaxshi boʻlib ketadi, hayot bundan ham goʻzalroq boʻladi, deb orzu qilishadi.

Hozircha... ayol sassiz yigʻlagancha kutadi va bolalar uchun, uy uchun nimaiki zarur boʻlsa hammasini qiladi: ovqatlantiradi, kir yuvadi, yamab-yasqaydi, tozalaydi. Uy chinni-chiroqdek top-toza. Tuvakdagi gullarga doim suv quyilgan. Bogʻdagi ikkita limon daraxti sidqidildan parvarishlangan. Uning tagida bolalar oʻynashadi, ularning kiyimlari yamalgan. Ular esa mana shu ozodalik ichidan ifloslikni shuning uchun ham topishlari kerakki, chunki bu bolalarning otasi uyini, mamlakatini tashlab, oʻz orzu-istagiga qarshi oʻlaroq, oʻziga fikran: «Men majburman...» deya Rim jangchisiga oʻxshab vatanidan mardi-maydonlik qilib yiroqlashdi.

Endilikda, yot oʻlkalarga borib qolgach, u oʻz hayotidan mamnunmikin? Sogʻinmasmikin? U ikkita limon nihollari, gultuvaklar, soʻzsiz nola chekayotgan ayol hamda bolalari haqida oʻylamasmikin? Bu dunyoda bolalardan ham goʻzalroq narsa bormikin? Buni unutib boʻladimi? Nahotki, kurash uning uchun shularning hammasidan yuqoriroq tursa?

Mahmudning ovozi Shinasini mazkur voqelikqa qaytardi.
— Qech boʻlib qoldi, men bora qolay,— dedi bola.
— Mayli, Mahmud. Balki yana bir oz radio eshitar-san? Axir, qiziqarli eshittirish-ku!
— U balki, hali dars tayyorlashi lozimdir?—dedi Xakki.
— Muallim masalalar bergandi, lekin onam yordam beradi.
— Masalalaringni olib kelsang, birgalashib yechardik.

Bola uyalibgina jilmaydi. Uning jilmayishida gʻurur, sevgi, mazkur odamlarga ishonch hamda oʻzining shunday sadoqatli doʻstlari borligidan quvonch barq urib turardi. Hatto kichkina bolalar ham bunday his-tuygʻuga tushunishadi. Mana shunday daqiqalarning shaffofligi uzoq yillar esda saqlanadi. Baxtli daqiqalar xuddi yorqin yulduzlar misol inson xotirasida soflik, doʻstlik va muhabbatni saqlab qoladi.

Mahmud shamolda yorilgan qoʻlchalarida stakanlarni ushlagancha mashinadan tushdi.
— Yaxshi uxlab turinglar,—deyishdi Xakki bilan Shinasi.
— Yaxshi yotib turinglar,— dedi javoban bola.

U boshqa hech narsa demay, stakanlarni sindirib qoʻymaslikka tirishib, ehtiyotla ushlagancha qorongʻilik qa’rida yoʻqoldi. Bir ozdan keyin uning gavdachasi fonus tagida koʻrindi-yu, yana koʻzdan gʻoyib boʻldi, Keyin ular bola xira yoritilgan eshikka kirib keta-yotganini koʻrishdi.

Mahmud ketganidan keyin Xakki ma’lumot yozishga kirishdi. U blankaga yozar, qogʻozni gʻijimlar va yana boshqatdan yozishga tutinardi. Lablarini qiyshaytirgancha, ikkinchi blankani ham yirtib tashladi-da:
—Nega endi bizga shunchalik ta’sir qilyapti?— dedi-yu, lekin shu zahotiyoq aytganiga pushaymon

Shinasi uning yenida oʻtirgancha jilmayardi. Xakki unga qaradi-da, yanada qovogʻini uyib oldi.
— Kulgandan koʻra, yaxshisi, sen yozib qoʻya qolsang boʻlmaydimi,— dedi u.
— Ey, yoʻq, bugun sening navbating,— deb javob qildi Shinasi.
— Senga bularning hammasi behuda ish boʻlib koʻrinmayaptimi?—deb soʻradi Xakki.
— Tuyulyapti, lekin bari bir yozish kerak. Boz ustiga, buning hech kimga zarari tegmaydi.
— Oʻzimizga zarari tegishi mumkin,— dedi Xakki. Shinasi indamadi. Xakki yana axborot yozishga tutindi. Endilikda axborot yozish quruq rasmiyatchilikka, foydasiz mashgʻulotga aylanib qolgandi, lekin shunga qaramay, axborot yozish uning zimmasiga tushmagan kuni u oʻzini baxtli hisoblardi, U iflos ishlar bilan shugʻullanayotganini unutishga harakat qilardi. Lekin xizmat oʻz vazifasini bajarishni taqozo etardi.

Avvallari u raportlarni qanday osonlik bilan yozib tashlardi, lekin ishning mohiyati faqat unga inson taqdiri aralashgach, butunlay oʻzgarib ketdi. Ular inson ruhini bilmay turib, qanchalik yanglish fikrlarga borishgan ekan-a, inson haqidagi mulohazalari, uning ichki dunyosi, uning ma’naviy hayoti haqida oʻylay boshlaganlaridan keyin esa hammasi ostin-ustun boʻlib ketdi. Hammadan yaxshisi bu oʻylovchi va his qiluvchi, fikrlovchi va tushunuvchi odamning sukut saqlashidir. Odamlar oʻzlarini-oʻzlari kuchli, qat’iyatli qilib koʻrsatib, ayyorlik qilishlarining nima foydasi bor? Yolgʻondakam mardlikning kimga keragi bor!.. Unda mujassamlangan barcha yaxshi xislatlarni unutadigan boʻlsak, qanday qilib haqiqiy insonni oʻstirish mumkin? Sevgi va gʻamxoʻrliksiz oʻtkazilgan daraxt hatto barg ham yozmaydi. Modomiki, shunday ekan, insonni mehr-muhabbatsiz qanday qilib ulgʻaytirish mumkin?

Xakki raportni yozib tugatdi, u boʻgʻilganidan oʻzini qoʻyarga joy topmasdi. U galstugini yulib, koʻylak yoqasini yechdi. U raport yozilgan qogʻozni Shinasiga uzata turib:
— Oʻqi,—dedi.

Shinasi raportga koʻz yugurtirdi-da, kulimsiradi
— Bilmadim,— dedi u.— Shefga bunipg yoqishi dargumon.
— Yetti oydan beri shu azob,— deya xitob qildi Xakki,— bas, yetar! Ikki kun burun sen ham shu fikrda eding. Bizga boshqa vazifa berishsin.
— Sen buncha hovliqaverma. Biz yana ozgina sabr qilishimiz mumkin,— deya uni yupatishga urinib koʻrdi Shinasi
— Voy xudoyim-ey. Nega sen hadeb jilpanglayapsan? Yoki ikki kun avval nima deganingni esingdan chiqardingmi? Uyalsang boʻlardi!
— Xakki, men bu haqda gapirmovdim.— deya zoʻr-bazoʻr gapirdi Shinasi.

Xakki uning gapini boʻldi:
— Shu haqdami, boshqami, lattachaynarlikni yigʻishtir.

Shinasi indamay qoldi. Bir-birini sevadigan odamlar orasidagi baxslashuv ularning doʻstligigʻa putur yetkazmaydi, aksincha, ularni yanada jipslashtiradi.

Bir oz vaqtdan keyin Xakki: «Xafa boʻldingmi?» deb soʻramoqchi boʻlgandek doʻstiga qaradi. U sigareta olib aslida chekmaydigan Shinasiga uzatdi. U ham sigaretadan olib cheka boshladi.

Avtomobilning ichi tamak» tutuniga toʻlib ketganidan Xakki oynani ochib qoʻydi. Koʻchadan toza havo kirib, nafas olish birmuncha yengillashdi.

Shinasi sigaretaning yarmisigacha zoʻrgʻa chekdi-da, oynadan qoldigʻini otib yubordi. U Xakki qoldirgan daftarni olib nimanidir yozdi-da, uni oʻrtogʻiga uzatdi. U yozilganni oʻqib:
— Mana endi hammasi joyida, — dedi. U raportni choʻntagiga solib, oʻylanib qoldi. Ba’zida hayotdagi muvozanatni saqlab qolish nechogʻlik qiyin boʻladi. Agar odam falokatga yoʻliqqanda doʻsti yordamga kelib, qutqarsa, koʻmaklashsa bir navi-ya. Bunga turmushdan ozmuncha misollarni keltirish mumkinmi? Haqiqiy doʻstlik mehr-muhabbatga asoslanadi. Agar muhabbat boʻlmasa, mehribonlikka ham koʻz tutib boʻlmaydi. Xuddi usti yaltiroq, ichi qaltiroq sharga oʻxshab, umri qisqa boʻladi. Zoʻravonlik yaxshilikka olib bormaydi, sevgini ham kuch bilan tutib qololmaysan. U avval ham koʻpgina bolalarni bilardi, lekin ularga nisbatan qalbida muhabbat uygʻonmagandi. Bolalarga boʻlgan mehribonlik Xakkini avval unga noma’lum boʻlgan haqiqat bilan toʻqnashtirgandek boʻldi. Bu shunchaki oddiy his-tuygʻu boʻlmay, unda aqlning mushohadasi ustunlik qilayotgandi. ,Kimki, bu hisni dildan tuya olmasa, uni qoralash va ayblash mumkin, His-tuygʻular uchun odamga tamgʻa bosish yangi tugʻilgan chaqaloqqa ism qoʻyishdek eng oddiy ish.

Shinasining ovozi uni xayolot dunyosidan olib chiqdi.
— Uni qaragin, Xakki, bolakaylar hali yotishmabdi, axir, soat ham oʻn boʻlib qoldi-ku.

Xakki uyga qaradi-da, derazada bolalarning — Mustafo bilan Mahmudning jajjigina boshchalarini koʻrdi.

Mashinada oʻtirgan odamlar uchun bolalar goʻzallik timsoli boʻlib xizmat qilishardi — ular bularga kuch-quvvat baxsh etishardi hamda hech qanday xavf xatarni gumonsiramay oyna oldida turgan bolalar haqida oʻylash va gʻamxoʻrlik qilish ehtiyojini tugʻdirishardi. Bolalar qorongʻilik qa’ridan avtomobilni koʻrmoqchi boʻlishayotgani aniq edi. Shinasi oldingi faralarni yoqdi. Ana shunda mashinadan emas, unda oʻtirgan odamlarning qalbidan bolalarga tomon nurning keng tasmasi choʻzilgandek boʻldi. Mana shu nur birinchi qavatda yonayotgan chiroqning shu’lasi bilan qoʻshilib ikkinchi qavatning derazasi oldida turib jilmaygancha qoʻllarini silkitayotgan bolalarni yoritdi.

Sevuvchi odamlar, bolalar va kattalar, hayotning siri-yu, baxt va mangulik sizlarda!