OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Choʻlpon. Yana oldim sozimni
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifChoʻlpon
Asar nomiYana oldim sozimni
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Choʻlpon
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotҒафур Ғулом номидаги, Адабиёт ва санъат нашриёти, Тошкент, 1991
Hajm165KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/12/18
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Yana oldim sozimni
Choʻlpon

Qizil Bayroq

«
Nizomiddin Asomiy oʻrtoqqa
»
Qizil bayroq!..
Ana, qanday selkillaydi shamolda,
Goʻyo uni salomlaydi qibla yoqning shamoln,
Kambagʻalga na saodat uni koʻrmak bu holda,
Ham haqqi bor kambagʻalning, chunki oʻzining moli.
Uni olib chiqmoq uchun qorongʻudan yoruqqa
Daryolarday oqmadimp kambagʻalning qonlari?
Uni olib bormoq uchun mazlum, ojiz xalqqa,
Qolmadimi Sibirlarda ishchilarning jonlari?
Siz, burjuylar, kibor sinflar, yaqin kelmang bayroqqa,
Siz emasmi ilgaridan uning qonxoʻr dushmani?!
Endi qora yaqin kelmas nurlar sachratgan oqqa,
Koʻpdan endi oʻtib ketdi qoralarnipg zamoni!
Qizil bayroq qip-qizil qon, u qon — ishchilar qoni,
Kibor sinflar u qonlarni toʻkkan zolim jallodlar,
Mazlumlarning eng sevgani — ishchilarning azoni,
Quloqlarni bekitganlar — kibor sinflar, qalloblar!..
Ay, ol bayroq, sen mazlumlar ustlarida selkilla,
Sening uchun qonlar toʻkkan, jonlar bergan mazlumlar.
Ishchilardan, askarlardan, mazlumlardan salomlar,
Farishtalar, malaklar ham rizvonlardan, tavhiyat.
Zolim boylar — burjuylardan dardlar, gʻamlar, alamlar;
Qalamimdan, qogʻozimdan ham oʻzimdan muhabbat!!!
1917


Sharq Nuri

(Mulla Nur Vohidov ruhiga)
Soʻng davrda yoʻqsul Sharqning tarixi
Bir bet boʻlsun, oq satrni koʻrmadi.
Dunyo tarixini yozgʻan muarrix
Yaxshilikgʻa qalamini burmadi.
Sharqning qaysi burchagini qarasang,
Yoʻqlik, oʻlim, zulm, qargʻish koʻrarding.
“Tomugʻ’” degan soʻzni bilmak istasang,
Sharqni boshdan oyoqqacha yurarding.
Bir zamonlar yer yuzinda oʻz boshli
Ulugʻ, shonli madaniyat tugʻdirgan
U goʻzal Sharq, shirin tuproq soʻng zamon
Boʻldi chetlar panjasida koʻz yoshli…
Uning bunday qizgʻanichli holiga
Har kimdan koʻp qon yigʻlagan sen eding.
Uni ezgʻon yirtqich qoʻlli ma’zinga
Sen ulugʻ yov, sen muyassam kin eding.
Insonlikgʻa saodatning birdan-bir
Toʻgʻri yoʻlni koʻrsatkuchi Marksdi:
Biroq Sharqqa qutulishning yoʻlini
Koʻrsatkuvchi ulugʻ dohiy sen eding.
Sendek kishi Sharq eliga tansiqdi.
Pok siynangga oʻq otguvchi dushmanlar,
Oʻylamaki, bir oʻzingning dushmaning,
U dushmanlar butun Sharqning dushmani,
Koʻpdan ichib kelgan qonlarin uning.
Kun ham Sharqdan, oy ham Sharqdan chiqadir,
Biroq bir sen Gʻarbda chiqding va botding;
Shuning uchun menim sharqlik ruhimda
Ajib mudhish, qoʻrqunch tuygʻu uygʻotding!
Sharqning kuni kirsa bulut ostiga,
Sening soʻnuk kunlaringni oʻylayman;
Botib borgan oyga qarab: “Ay, yoʻqsil,
U ulugʻ nur senmasmu?”- deb soʻraymen.
Ehtimoldir, seni har bir narsadan
Aziz koʻrgan, u sen suygan yoʻqsil Sharq,
Ruhlaringni oy oʻrniga qoʻygandir,
Balki bizning koʻzlarimiz qilmas farq…
Menim sharqlik koʻzim sening ruhingni,
Sharqning har bir burchagida koʻradir;
Toʻgʻri, sening u sharqsuyar ruhlaring
Aljumlarda, saroblarda yuradir.
Endi undan uchib oʻtdi Misrning
Sirlar toʻlib oqqan Nili boʻyiga;
Nilni boʻylab kelib, kirdi u ruhing.
Fallohlarning qashshoqlarcha toʻyiga,
Undan oʻtib Suriyaning Shomiga
Asr koʻrgan koʻchalarni aylandi.
Shu minutda Himoloyo togʻida
Hind qiziga yigitlikka saylandi.
Kecha koʻrdim uni; budda yonida
Riyozatning foydasini oʻqurdi,
Oʻtkan kuni Nishopurda – boqchada
Hayyom bilan ishqiy she’r toʻqurdi.
Oʻtkan hafta Chin-mochinning yurtida
Konfutsiu falsafasin eshitdi.
Bu haftada Eron borib zardashtga
Nicha bilan qalaysiz deb tegishdi…
Hindistonda Bedil bilan yurganin
Menim sharqlik koʻzim aniq koʻrmishdi.
Alamutning tepasida yurganda
Menim ruhim orqasida yurmishdi…
Shuning uchun suyar seni butun Sharq.
Sen Sharqmisan, Sharq senmidir bila farq.
1918


Oʻzbegim

Soʻlqildab kelasan, oʻzbegim,
Ma’rifat otiga otlanib,
Bir miri topgan boladay —
Ogʻzingni irjaytib.... suyunib
Dunyoda hamma xalq qiziqqan —
Gavhardek bebaho ot edi.
Hurriyat boʻlganda sen kelding,
Minayin semirgan otga deb,
Ogʻzingga «mallalar» bir tepdi,
«Ma’rifat haromdur sartga», deb
Ogʻzingdan qon keldi, yigʻlading,
Koʻzingdan zaharli yosh keldi.
Koʻraman, oxirda minibsan,
Charchagan boʻlsa-da, otingga.
Tangriga shukr qil, yura ber,
Koʻz solib, oʻngingga, chapingga!
Tez tuzat, oh... mana bir xatong:
Otingni chopasan shaharda.
Qishloqda faqirlar kutadur —
Kechada, kunduzda, saharda!
Bilgilkim, hayoting, tomiring,
Oʻzbegim, kambagʻal qishloqda.
Qishloqda chopasan otingni,
Chopishing behuda toshloqda.
1919


Goʻzal

Qorongʻu kechada koʻkka koʻz tikib,
Eng yorugʻ yulduzdan seni soʻraymen.
Ul yulduz uyalib, boshini bukib,
Aytadir: “Men uni tushda koʻramen,
Tushimda koʻramen – shunchalar goʻzal,
Bizdan-da goʻzaldir, oydan-da goʻzal!”
Koʻzimni olamen oy chiqqan yoqgʻa,
Boshlaymen oydan-da seni soʻrmoqgʻa.
Ul-da aytadir: “Bir qizil yanoqgʻa
Uchradim tushimda, koʻmilgan oqgʻa.
Oqgʻa koʻmilganda shunchalar goʻzal,
Mendan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!
Erta tong shamoli sochlarin yoyib,
Yonimdan oʻtganda soʻrab koʻramen.
Aytadir: “Bir koʻrib, yoʻlimdan ozib,
Togʻ va toshlar ichra istab yuramen!
Bir koʻrdim men uni – shunchalar goʻzal,
Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!”
Ul ketkach, kun chiqar yorugʻlik sochib,
Undan-da soʻraymen sening toʻgʻringda,
Ul-da uyatidan bekinib, qochib,
Aytadir: “Bir koʻrdim tushdamas, oʻngda,
Men oʻngda koʻrganda shunchalar goʻzal,
Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!”
Men yoʻqsil ne boʻlib uni suyibmen?!
Uning-chun yonibmen, yonib kuyibmen.
Boshimni zoʻr ishga berib qoʻyibmen.
Men suyib… men suyib kimni suyibmen?
“Men suygan suyukli shunchalar goʻzal,
Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!”
Toshkent, 1919 yil


Temirchi

Mehnatkash inqilobning ikki sana davrn munosabati-la
Manzara — temirchi doʻkoni.
Tovush: Taq, taq! Taq, taq, taq!
Temirchi (ishlay turub)
Qabul qilgin tilagimni, tangrim,
Baquvvat qil bilagimni, rabbim!
Shu bilakning kuchi bilan oʻn jon,
Topib yeydur kechingunday osh-non.
Yosh goʻdaklar menga koʻzni tikkan,
Qari chol ham kampir boshni bukkan.
Avvalgilar «ota-ona!» — der menga,
Keyingilar «bola — jon!» — der menga.
Hammasining och-toʻqligi mendan,
Menim esonligim esa sendan!
Qaytarmagin tilagimni, shohim,
Sengagina butun dodim, ohim!..

(Oʻgʻliga)

Ur oʻgʻlim, ur, qattiqroq ur,
Temir koʻproq choʻzilsin!

Oʻgʻli

Ombir bilan sen mahkam boʻl,
Qayrilsin-da, uzilsin...

Temirchi

Nega oʻgʻlim?

Oʻgʻli

Oh, otajon! Juda yomon charchadim... qornim ochdi...
Temirchi
Kel, bolajon, yana jindak, rostladim men boʻyogʻni.

Oʻgʻli

Kun kech kirdi.

Temirchi

Ishimizni tamomlab uyga borib tnnchlanarmiz, ozugʻimizni gʻamlab!..
Ushla mahkam!

Oʻgʻli

Xoʻp ushladim!

Temirchi

Yaqinroq tut!

Oʻgʻli

Xoʻp, mana! Voy!..

Temirchi

Ne boʻldi?

Oʻgʻli

Qoʻlim kuydi... nima qilay, jon dada...
(Yigʻi.)

Temirchi

Ey xudoyim, bir oʻgʻlimni — yordamchimni koʻp koʻrding:
Kelib-kelib bir bechora temirchini kuydirding...
(Oqqan yoshni surtar. Oʻzi bir qoʻlida temirni ushlab, bir qoʻlida bolgʻa bilan urar.)

Ovoz

Taq!

Temirchi

Voy, bolam!..

Oʻgʻli (hayron).

Nima boʻldi?

Temirchi

Uzdi bolgʻa qoʻlimni!..

Oʻgʻli

Voy xudo-ey!..

Temirchi

Nega muncha ezadursan qulingni?..
Shunday boylar boʻlarkim... bir necha yil ishlamas, och qolmas.
Men bechora bir kungina ishlamasam, topmasam,
Uy ichimda oʻn jon bordur...

Oʻgʻli

Bir burda non topilmas...

Temirchi

Men bechora oʻgʻlim bilan to ertadan kechgacha
Tinmay ishlab bir roʻzgʻorni nari-beri eplardim.
Bir-ikki kun ishlay olmay qolsam butun roʻzgʻorning
Bir burda non topolmay och qolishin...

Oʻgʻli

Bilardim!

Temirchi

Shuning uchun bilakda kuch bor vaqtda ishladim.
Yozda yonib yoz oʻtkardim, qishda ushub qishladim.
Endi bukun yordam etkan bir oʻgʻlimning qoʻlini
Yara qilib, soʻldirding sen umidimning gulini...
Oʻz bilagim kuchlik boʻlsa yana ishni qilardim.
Roʻzgʻorimni bir ish qilib eplab olib yurardim.
Oʻzim sogʻ deb shukur qilib oʻz qoʻlima zoʻr berdim.
Oʻz qoʻlimning zarbasi-la barmoqlarimni ezdim...
Endi mening roʻzgʻorim nima boʻlub qoladur?

Oʻgʻli

Keraksiz bu oilani... xudo qaytib oladur...
(Yigʻi.)
1919


Qizil Baynalminal

— Havo buzuq...
— Koʻk yuzida qop-qora
koʻmir kabi qator-qator bulutlar,
Iblislarning koʻzlariday op-ola yongan nima?
«Oltun oʻchoq»da oʻtlar...
Havo buzuq... Toʻgʻri, sharqning havosi
Necha yildir juda yomon buzulgʻon;
Avvali buzgʻon oppoq qoʻllar jafosi.
Yozmishigʻa qora chiziq chizilgʻon...
Koʻk yuzida qator-qator chizilgʻon
Koʻmir kabi bulutlari — yot ellar;
Ul ellarning qulligʻida ezilgʻon
Sharq ellari... buzuq, quruq koʻp yerlar...
Sharq ellari asir kabi ishlarlar,
Bir hovuch ham kelmaydigan xalq uchun.
Bir hovuchlar katta-katta hasharlar
Madaniyat topgan, deganlar uchun...
Sharqli kishi qatiq yesa non topmas,
Non topolsa quruq non bor, choyi yoʻq,
Bir hovuchlar yemagiga nom topmas,
Boyliklarni sigʻdurishga joyi yoʻq...
Sharqda, mana, bir oila ichida
Olti-etti kishi ochdan oʻlmishdir,
Ana qara, yosh bogʻchaning ichida
Koʻp chechaklar ochilmasdan soʻlmishdir.
Qara gʻarbni, bazmgoh-la bogʻchalar,
Qizil yuzli odamlar-la toʻlugʻdir,
Unda ma'bud qatorida oqchalar.
Shuning uchun oqchalilar ulugʻdir...
Sharq eliga qutulishga yoʻl yoʻqmi,
Unga hech kim shafqat koʻzin solmasmi?
Gʻarblilarda insof vijdon hech yoʻqmi,
Biror quvvat bu zulmni olmasmi?
Ilgarida boʻlmasa ham endi bor
Gʻarb ustida bosh koʻtargan ulugʻ kuch.
Ul kuchdirki, mazlumlarga yoʻl ochar,
Zolimlar-chi na’ra tortar:
— Uch, uch, uch...
Bir yildirki koʻk yuzida tugʻildi
Qizil qonlar orasidan qizil oy,
Bir tarafdan qahr, zulmat quvildi,
Sharqni yana ul qizil oy qutqargay...
Ortiq yetar ezilganing, ey sharq,
Qanot qoqib oygʻa qarab yuksal,
Asirlikdan qutilmoqqa zoʻr shart:
— Qoʻlda yarogʻ, tilda «baynalminal»..
1920


Xayoli

Koʻnglimdagi muhabbatning uchqunin
Xayolimning bir burchida berkitdim.
Ul uchqunning kuchligidan siynamda
Hech tuzalmas, ogʻir yara bor etdim.
Qulogʻimga “Ol baxt!” deb eshitilgan
Azonlarni shaytoniy deb oʻyladim,
Shuning uchun baxt bergan malakka
Turli-turli afsonalar soʻzladim….
Sochlarini oʻynab turib eshitdi
Va dedikim: “Afsonalar behuda!”
Bul soʻzlari qulogʻimgʻa yetishdi:
“Oqdim,- dedim,-qonli, zardobli suvda…”
“Oq-oq,- dedi afsonalar sultoni, -
“Sening taxting, baxting unda kutadir;
Ul zardobli, qonli suvlar ostida
Qora kiygan joning jilva etadir.”
Ket, ey shayton, bosinqiradim… qoʻrqamen:
Ket-ket. Qilich singan, qalqon teshilgan.
Koʻrasanmi? Men ezilgan yotamen,
Ustimga-da balo togʻi yiqilgan.
Soʻnggi nafas, oxirgi dam, ey malak,
Kel, bir qara, soʻngra yiqilsun falak.
Toshkent, 1920


Sharq Qizi

«

Singlimga
»
Aytalar, kim sovuq, shumli qora qish
Oʻtib ketib, kelmish chiroyli bahor.
Gulga oshiq boʻlib, sayrar emish qush,
Gul ham ul qushlarga nozlanib qarar.
Aytalar, dalada yer beti tamom
Koʻm-koʻk duxobadan koʻylaklar kiymish.
Xoʻrozlar chaqirib, yuzin ochsa tong,
Saboning labini oshiqlar emmish…
Har kimda bir shodlik, har kimda bir ruh,
Har kim kulib qarar emish dunyogʻa.
Hatto, chol-boboylar aytalarmish: “Uh
Chiqib yursang edi yozgi havogʻa!”
Faqat men bir oʻzim, Sharqning bir qizi
Bahor kelganini koʻrmay qolamen.
Uzun, qora qishning ketmasdan izi
Uning doʻsti – kuzni kutib olamen.
Menim uchun yorugʻ dunyo rohati –
Toʻrt devor ichinda koʻzlar oʻynatmak.
Menim uchun ulugʻ shodlik soati –
Telba koʻkragimda oʻylar uygʻotmak…
Men bir Sharq qizimen, Sharqning oʻzidek
Butun tanim, jonim – xayol uyasi.
Menim qora koʻzim kiyik koʻzidek
Belgisiz ovchining oʻqin koʻrgusi….
Aytalar, kim yozda har bir jonivor
Erkin nafas olar, shodlanar, yayrar…
Aytmaylar, kim Sharqda borliq xotinlar
Ul yorugʻ dunyoga ne zamon kirar?
Toshkent, 1920


Tabiatka

«

Saidalixonga bagʻishlab
»
Kel, malak, kel, kel, pari, kel, kel, oʻpay bir erkalab,
Kel, quyosh chiqquncha oʻptir… kel, kel oʻpay bir ertalab!
Kel, quchoqlay, kel qoʻlingni, barmogʻingni bir koʻray,
Kel, koʻzingga koʻz solay, kel, koʻray, soʻngra oʻlay…
Kelma, kelma, ey pari, sen, tanlaring nurdir sening,
Tanlaring nur, yuzlaring nur, tenglaring hurdir sening…
Yoqti oylardan quyilgan yogʻdulardandir taning,
Koʻk yuzida barcha yulduzlar suyunchingdir sening…
Koʻlankangdir – boqchalarga turli gullarni sochar,
Koʻz qarashingdir sening, elga saodatlar ochar…
Oʻynashingdir – oʻynoqi yumshoq shamolni qoʻzgʻatar,
Toʻxtashingdir – dunyoda barcha hayotni toʻxtatar.
Soʻzlashingdir– boqchalarda barcha qushni sayratar,
Bir tabassum qilmogʻingdir – barcha jonni yayratar,
Kuylashingdir – uyquda qotgan jahonni oʻynatar.
Uyqudan turgan jahon ul kuch bilandir, toʻy etar…
Qaygʻurib qolgan chogʻingdir, barcha jonlar qaygʻurar.
Har tomonda qaygʻu, hasrat, har aziz jon oh urar.
Koʻk yuzini qop-qora, mash’um bulutlardir oʻrar,
Ul bulutlar ustiga otdek minib devlar chopar.
Har urishda qamchini oʻtlar yonar, chaqmoq chaqar.
Ul bulutlar chopsalar devlar bilan osmon boʻyi,
Unda boshlansa jin, alvasti va shaytonlar toʻyi
Koʻk goʻzaldir, sel yogʻar, doʻllar quchar, toʻfon bosar,
Qum koʻchar… Togʻlar qadar qumlar koʻchar… yoʻlni toʻsar…
Zoʻr dengizlar na’ra tortar… jon soʻrar toʻlqin chopar.
Katta toʻlqinlar kelar-da, mayda toʻlqinlar qochar…
Mayda toʻlqinlar “oʻlim” raqsin etarlar kuylashib,
Soʻngra qirgʻoqqa chiqarlar jonlilarni yoʻqlashib,
Kelma-kelma… men faqir… bechora… yoʻqsil bir kishi.
Men kabi yoʻqsil kishinng yogʻdularda ne ishi?…
1920


Poʻrtana

Poʻrtana qoʻzgʻaldi, poʻrtana yurdi,
Poʻrtana oʻzini qirgʻoqqa urdi.
Poʻrtana oldida bir kema koʻrdi;
Ichida zich odam… oʻynatdi, surdi.
Ul kuchli, ul botir, ul qoʻrqmas, yuraklik,
Ul magʻrur, kerilgan ham majnun, hovliqma,
Faryod der qirgʻoqlar undan, shu tugʻrolik –
Shahardek kemalar unga bir luqma…
Ul oʻzi qon ichar, qon olur boʻlsa-da,
Bagʻrida sevgisi kuchli,
Baqirib, oʻkirib, yugurib yursa-da,
Goʻzalni suyuvga oʻchli…
Suv qizi:
Chiroyli, sochlari qop-qora,
Boʻynidan sochilgan, tarqoq,
Koʻzlari dil tortar, chetroqdan bir qara.
Ilinding… rahmsiz ul tuzoq…
Koʻzlari kiyikni koʻr qildi koʻrmading,
Soʻzlari – bulbulni tutqin;
Yuzlari oylarni botirdi bilmading,
Bulutlar ostiga qochib kirdi kun!
Ana shul goʻzalni, ana shul malakni
Yoʻq , yanglish… falakni,
Poʻrtana koʻksida saqlar,
Yerlar sarf etar gʻayratni, amakni
Ish qilib malakni,
Yoʻq… jahon, falakni
Oq koʻpik ichida oqlar.
Ba’zida hisobsiz oq koʻpik ichiga
Sultondek tutqizar uni,
Dam koʻkka irgʻitib, dam tortar koʻksiga.
Shu yoʻlda oʻynatur qizni,
Kuldirib u nurli yuzni.
Suydirib u ohu koʻzni,
Qul qilib sizni ham bizni…
Koʻpiklar… u oppoq, sanoqsiz koʻpiklar
Yulduzdek jimirlab turalar,
Koʻpiklar… u kichik, chiroylik koʻpiklar
Oshiqning koʻnglidan uralar…
Qichqirar, boʻkirar, boʻkirar yoʻlbarsdek,
Yugurar, sekirar, otilur devdek.
Oldida hech toʻsiq. Hech mone qoʻymasdek
Intilar… oʻng-soʻlni koʻrmay…
Koʻtarsa boshini, koʻklarga tegadir.
Bulutlar, chaqmoqlar dahshatda,
Egsa ul boʻynini, koʻp vaqt egadir,
Suv tegin koʻrasan dahshatda.
Jonvorlar qoʻrqadir… dahshatda titraydir.
Baliqlar oʻlimni kutalar.
Kuchligi kuchsizni yutmaydir, sitmaydir.
Qoʻrqudan ogʻular yutalar…
Dengiz tinch, qoʻrquv yoʻq. Qiyomat uxlaydir.
Poʻrtana jim-jitdir uyda.
Shamolni poʻrtana qoʻzgʻatmay saqlaydir
Qoʻzgʻalmoq degan soʻz yoʻq unda.
Bu – mahshar, qiyomat, poʻrtana. Toʻlqinlar –
Hammasi yoʻqsilning koʻnglida.
Bir damda dunyoni kuydirur vulqonlar
Ojizning u oʻtli dilida…
Oʻyna, ey toʻlqinlar, poʻrtana dahshat sol.
Qirgʻoqlar titrasin, qoʻrqib,
Koʻk yuzi; yer osti tinch boʻlsa – vahshat sol
Daryodan suv tashlab, purkab.
Bu mening keng koʻnglim gʻavgʻoni, janjalni,
Toʻpolon, qoʻzgʻalish, chuvalash,
Isyonli, toʻfonli
Suyadir; shuning-chun dunyoni, jahonni,
togʻ va tosh
Hammasin agʻdarmoq istaydir,
yonadir, kuyadir…
Oʻynat, ey, poʻrtana, toʻxtatma, quvvat ol.
Chogʻ’ kelgach, erinib yotma, uxlama,
boʻlmasin yoʻqlama.
Koʻp ezgan dushmandan,
past yondan
Oʻchni ol, oʻchni ol, oʻch ol!…
Toshkent, 1920


Bu Kun

(1 May)
Bu kundurki, ketmon bilan boltalar,
Belkuraklar, temirkurak, bolgʻalar,
Zaxda yotgʻon arra, tesha qoʻzgʻalar,
Mehnat daryosin qoʻzgar dolgʻalar!
Bu kundurki, mehnatkashning yuragi
Keng maydonda dushman bilan olishar,
Uyda boʻlgʻon ketmon, tesha, boltalar
Dushmanlarning boshlariga solishar.
Bu kundurki, bilak kuchi oʻzining
Chin yuzini ochiq-oydin koʻrsatar.
Ul tong kuchning qarshisida yoʻqliqlar
Yer tagidan oʻzlariga joy istar.
Bu kun ketmon, bolta, kurak kunidir,
Bu kun botir, kuchli yurak kunidir!
1920


Ulugʻ Britaniyaning Bu Kungi Hokimiyatiga

Temza boʻylariga besh-oʻnta
Togʻlarday haybatli zindonlar soling!
Riyokor boʻlmagan, haq degan erni
Zulm qoʻli bilan zindonga soling!
Lankastar shahrining koʻchalarida
Polis nafarlari tinmay aylansin.
Ishladim, haqqimni soʻrayman, degan
Har ishchi zanjirga siqib boylansin!
Qilichlar, miltiqlar, pulemyot, toʻplar
Tokay amringizga boʻyin egadi?
Tokay haq soʻzlagan miyalar, boshlar
Dorlarning ipiga borib tegadi?
Tokay igʻvo bilan, aldashlar bilan
Million-millionlarni asir qilasiz?
Tokay anglamagan, xom miyalarga
Jannat va’dasi-la ta’sir qilasiz?
Oʻn qavat, yuz qavat zindonlaringiz
Oʻzingiz uchun ham tor katak boʻlur!
Riyokor soʻzlagan u tariq tillar
Yana oʻzingizga qarshi oʻgrilur!
Mazlumlar, ezilgan, xor boʻlganlarning
Gʻazab olovlari bir kun tutashar!
«Intiqom! Intiqom!» degan na’ralar
Toʻlqinday quturib Temzadan oshar!
Oʻshanda Temzaning suvlari qadar
Quturib oshishliq bizda ham boʻlar.
1920


Ulugʻ Yoʻlda

Yoʻlimizda choʻllar, suvlar, dengizlar.
Bosh uchini tanib boʻlmaslik izlar.
Shu izlarni bosib, dengizlar kechib,
Buyuk amal bilan boramiz bizlar.
Yurakdagi saqlab borgan amallar
Yoʻllardagi dengizlardan ulugʻroq.
Ezilganlar tilak tilar bu yoʻli
Burungidan toʻluqroq.
Mahkam qilib bogʻlanilgan kamarlar,
— Tezrak!
— Qanot!
Qushlar yangligʻ uchaylik.
Keng choʻllardan, dengizlardan kechaylik,
Sharqning eski chigalini yechaylik!
Toshkent, 1920


Yorugʻ Yulduzga

(Hazar esdaligi)
Goʻzal yulduz, nurli yulduz, tez soʻzla.
Otalarning tarixdagi xatosin,
Shul xatodan osuflanib tovlarning
El koʻksida surgan ishrat, safosin.
Soʻzla, anglat oʻtgandagi turmushning
Butun qonli, shonli, jonli yerlarin.
Koʻz oldimda jilvalanur yurt uchun
Jonlar berib, qonlar toʻkkan yerlaring.
Oʻnat, qoʻzgʻat, toʻlqinlantir, hovliqtir
Keng Hazarning koʻm-koʻk, yumshoq suvlarin,
Soʻzlattirib, charchat, horsin, charchasin,
Teri oqsin, koʻkka chiqar bugʻlarin.
Koʻpiklantir, mayda, oppoq koʻpikdan
Koʻylak kiydir, yasantir suv betlarin,
Ul suvlar-la pardoz qildir, kiyintir
Togʻli, toshli qirgʻoqlarin, chetlarin.
Nega jimsen, nega javob bermaysen,
Nega koʻzing qizarindi, yoshlandi?
Nega yuzing soʻlgan kabi yumshardi?
Nega senda bir talvasa boshlandi?
Bilamen men, soʻzlamaysen shuning-chun –
Soʻzlaydirgan yaxshi soʻzing yoʻq erur.
Ogʻiz ochsang, yoʻqsil elni ezmakka,
Qon qilmoqqa hasratlaring koʻp erur.
Mayli, mayli, qandoq achchiq boʻlsa ham,
Toʻgʻri soʻzni yashirmasdan soʻzlay ber,
Har qanchalar yurak yorgʻich kuy boʻlsa,
Botir boʻlib sekingina kuylay ber.
Oʻtganlarning zahari ham bu kunda
Koʻngillarga tegmay oʻtar kabidir.
Kechmishlarning yigʻisi ham shu kunda
Yoʻqsil dilni suyuntirar kabidir.
Falokatlar koʻrgan ota-bobolar
Istiqbolning qimmatini bilmagan.
El va yurtni saqlar uchun soʻng xonlar
Tuzukkina chora, tadbir qilmagan.
Biz, yoʻqsillar, boshqalarga qul boʻlib,
Chet oyoqlar tomonidan ezildik.
Har yaramas, har buzuqning tagida
Alam ortgan, jabr koʻrgan biz edik.
Yetar, boʻldi. Meni gapga solding-da,
Oʻzing unda tinglabgina turasan:
Yana, tagʻin ta’sirlanib soʻzimdan,
Oh-voh qilib, oʻzni har yon urasan.
Soʻzla, sen-da tillaringni oʻynatib,
Eski alam ichra bizni olib bor.
Yashirin yotgan pardalarni, zulmatni
Qarab turma, nuring bilan yirt-yubor.
Yalintirma, boshqalarga yalingan
Kabi sen xam yalintirmoq istaysen,
Ezilganni ezishlikka sen, goʻzal.
Ozroq sharm, ozroq hayo qilmaysen?
Soʻzla, anglat, goʻzal yulduz, tez soʻzla,
Men-da seningdek chiroyli soʻylarmen.
Hazardagi koʻpiklarga birlashib,
Seni maqtab shirin kuylar kuylarmen.
Ogʻiz ochding, tovshing keldi, ey yulduz,
Soʻzla, soʻzla, yot kishi yoʻq, ikkimiz…
Bahri Hazar, 1920

Zarafshon

Safar esdaligi
Koʻz oldimda oqib yotkan Zarafshon,
Yosh boladek erkalaydir, oʻynaydir.
Hovliqma ham boʻlsa oʻzi, koʻp chaqqon,
Uncha-muncha toʻsiqlarni qoʻymaydir.
Katta-kichik toshlar boʻlsa yoʻlida,
Hech quramay sudrab ketar ilgari.
Kim biladir, jon topshirmish qoʻlida,
Hazil-hazil bilan qancha yosh-qari?..
Uning oʻzi shu oʻynoqi qiligʻi,
Shu hovliqma odati-la koʻp qoʻrqinch,
Suvlarining nozli qizdek silligʻi
Koʻp tanlarni agʻdararlik katta kuch!..
Undan qoʻrqinch uning oʻtkarganlari,
Saltanatlar, qonlar, ulugʻ tarixi.
Siynasida boʻgʻib oʻldirganlari,
Koʻp jonlarning ingrayishi va ohi!
Tarixining qanotlari soʻng yillar
Allaqanday qora rang-la boʻyalmish.
Yonlarida yashaguvchi koʻp yellar
Qora yozmish qozigʻiga suyalmish…
Shoʻx-shoʻx oqib, yuragida yashirincha
Tarixlarni, asrlarni qargʻamish.
Bilarmikin, oʻz umrida ul qancha
Yaxshi erlar yod etmish-da, alqamish?
Ay, Zarafshon, oʻynab-kulib oqa ber,
Mazlumlarning yuragini yoqa ber…
1920 yil, Samarqand

Qalandar Ishqi

(Eski tartibda)
Muhabbatning saroyi keng ekan, yoʻlni yoʻqotdim-ku,
Asrlik tosh yangligʻ bu xatarlik yoʻlda qotdim-ku.
Karashma dengizin koʻrdim, na nozlik toʻlqini bordir,
Halokat boʻlgʻusin bilmay qulochni katta otdim-ku.
Ajib dunyo ekan bu ishq dunyosi, ayo doʻstlar,
Bu dunyo deb u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku.
Uning gulzorida bulbul oʻqib qon ayladi bagʻrim,
Koʻzimdan yoshni jo aylab, alamlar ichra botdim-ku.
Qalandardek yurib dunyoni kezdim, topmayin yorni
Yana kulbamga qaygʻular, alamlar bir-la qaytdim-ku.
Muhabbat osmonida goʻzal Choʻlpon edim, doʻstlar,
Quyoshning nuriga toqat qilolmay yerga botdim-ku.
Boku, 1920

Tortishuv Tongi

Yenggan qoʻshin boshligʻidek gerdayib
Botgan quyosh bulutlarning ostidan
Bosh koʻtarib chiqmoq uchun tirisha.
Shuning uchun beri yoqda irjayib
Kulishurlar.
Unga qarshi, qarshidan
Yigʻlov, siqtov, tovush, gʻavgʻo, xarxasha.
Suyuningiz:
koʻpdan beri zindonda
Quyosh koʻrmay, zaxlab qolgan koʻngillar.
Chiqar kunlar yetdi sizga undan-da,
Munda yechib yuborilgan tugunlar.
Qaygʻuringiz:
Kishanlarni yasovchi
ustalar.
Boshqalarni tubanlar deb atovchi
xoʻjalar,
Sizning uchun yoz boshining qoridek
Eruv kunlar keladir,
Sizning uchun alvastining zoridek
yigʻlar kunlar keladir…
Chiqadirgan quyoshni siz behuda
Etak bilan toʻsmoq uchun tirishmang,
Axmoq boʻlib Azroilning oldida
Jon talashing, to oʻlguncha berishmang.
Toshkent, 1920


Mahmudxoʻja Behbudiy Xotirasi

Jilgisiz qabringni qora tunlarda
Amalimning shamin yoqib, izladim.
Qizil va pok qoning islarin sochgach,
Kuchsiz koʻyi yurishimni tezladim.
Amalimning yulduzi, kim koʻz tikdi
Qora, jirkanch… oʻlim qoni yerlarga.
Savol berdim: “Yoʻqotganim qayda?”- deb,
Oʻzimni ham yutmoq boʻlgan yerlarga.
Qoʻlidagi tutam-tutam gulini
Qabring topib, sochmoq uchun tirishdi.
Gul oʻrniga zahar tilar muhitda
Uning qilgan bu ishlari boʻsh ishdi.
Men-da ojiz – u muhitning oldida
Qabring topib koʻz yoshimni toʻkmakka.
Hamda achchiq hiddatim-la ul yerda
Oq kallalik-qora devni soʻkmakka.
Shuning uchun yulduz kabi yarqirab,
Elda qolgan isming bilan turamen.
Shul ismni eslab, chizgʻan yoʻlingdan
Yiroq ketmay, qimirlamay yuramen.
Aziz otam, qoʻlimdagi gullarning
Motam guli ekanini bilmaysen.
Shodlik guli koʻpdan beri soʻlganin,
Yer ostida, pok ruhing-la sezmaysen.
Ana sochdim qalbimdagi gullarni
Termak uchun chaqiramen qoʻllarni..
1920


“Oʻzbek Qizi” Uchun

«
...
(Usmonlicha)
»
Goʻruyorum: Her bir eling gogunde,
Yilduzlari paril-paril yanriyor,
Yildizlaring yere sachan nurini
Her bir insan iche-iche kaniyor.
Gulshan yoʻ ki kadin guli achmasun.
Bakcha yoʻq ki kadin bulbul otmesin.
Yer yoʻqki kadin isi sachmasun.
Gongul yoʻqki kadin maftun etmasun.
Xer milleting gulshanida gullari
O milleting kadinleri, kizlari:
Xer milleting xaq suydigi bir yolu
Kadinligin basmish olan izidir.
Hich milletda kadinlarin o goʻzel
Chehreleri perdelere girmiyor.
Hich milletde ……… xa’in yel
Kadinlara gʻazab ila ermiyor.
Her nereye girdim isem: karshimda
Kadinlari achik yuzde bulurum;
Xatirlarim: Kapaxdir yurdumda,
Oʻzbek kizi kaygʻulara dolarim,
Bogʻulurum
Oʻlurum…
Siyah perde bilir misin? – O alchak
Eski dunya seni bize birakmish.
Erkli olan kadinlarin bashina
Din isminden esirligi o taqmish.
Koʻz aldinda eski dunya o buyuk
Saltanati shevket ile oʻliyor.
Oʻlmesine iblislerdir agʻlayan
Meleklerse goʻk yuzinde guluyor.
Sen de onung mirasisin ey perde,
Kalamazsin azad olan bu yerde,
And ichrim: Esir Oʻzbek kiz ichun,
Shimde burda yalniz mezar seningchun.
Bir mezar ki, tashlarindan yash damlar
Tash ichinde Oʻzbek kizi – xep agʻlar.
Baku, 1920


Parcha

Maqtadim, koʻkka koʻtardim sizni men,
Endi menga sizga yetmaklik qiyin.
Maqtamoqqa bir kirishgach maqtayin,
Toʻxtasam, soʻnggi tinimda toʻxtayin..
1920


* * *
Miltiragan xira chiroqsen, yoʻqsil,
Yel qattiqroq kelib ursa oʻcharsen.
Yor aldagan sevguchining ruhiday
Bir lip etib yoʻqliklarga koʻcharsen.
1921


* * *
Xayol, xayol... Yolgʻiz xayol goʻzaldir,
Haqiqatning koʻzlaridan qoʻrqaman.
Xayoldagi yulduzlarkim, amaldir,
Olovimni alar uchun yoqaman.
Goʻzal xayol, kel, boshimda gul oʻynat,
Manim istak-tilagimni erkalat!
1921


Suygan Choqlarda

Goʻzallarning malikasi ekansan,
Buni sening koʻzlaringdan oʻqidim.
Oʻqidim-da istiqbolim qushiga
Xayolimdan oltin qafas toʻqidim.
Gunafshalar qulogʻimga madhingni
Soʻzlab-soʻzlab charchadilar, bitmadi…
Alamzada bulbul yigʻlab, kechalar
Alamingning soʻngin tamom etmadi.
Koʻzingdagi hikoyaning mazmunin
Shoir boʻlsam, aytib-aytib yigʻlardim.
Oʻshal, eski jarohatli qalbimni
Satrlarning nashtari-la tilardim.
Xayolimning qip-qizildan kiyingan
Parilari, hurlarini koʻrdingmi?
Alamimdan gullar ekkan yoʻllardan
Koinotga hayot sochib yurdingmi?
Yoʻllaringda she’r aytsa soʻlgan barg,
Qulogʻimga musiqalar keltirur.
Qachon sening musiqali ovozing
Sening meni suyganingni bildirur?
1921


Kleupatra Uyqusi

“Kleupatra” – Nilning boʻyida
Oʻz qoʻli birlan nilufar uzdi.
Goʻzal chechakni, yozuqsiz gulni
Ishdan chiqardi, turmushin buzdi.
Bir toʻplam qildi, bir ipak birlan
Boshiga osib, uyquga ketdi.
Ul uxlaganda butun Misrda,
Butun oʻlkada uygʻoqlik bitdi…
Jim tur, farishta, qanoting qoqma,
Fir’avnning qizi tinchlab uxlasin!
Uning yuzidan, goʻzalligidan
Oshiqning koʻngli bir orom olsin!
Uning yotishi – Kunning botishi!
Qorongʻilikda yulduzlar oʻynar.
Butun oshiqlar, koʻngli yonuqlar
Goʻzal oʻylarni shul choqda oʻylar.
Tuban qarab yur, Nilning suvin koʻr:
Qanday chiroyli, limillab oqar.
Fir’avn qiziday, ilon iziday
Buralib oqar, qimirlab oqar…
“Kleupatra” uygʻondi nega?
Nega ul chogʻsiz uyqusin ochdi?
Uning koʻzidan, goʻzal yuzidan
Uyqu, qizillik, toʻliqlik qochdi?
Ana, qoʻlini gulga uzatdi,
Boq, ipni uzdi… gullar qoʻlida!
Oj… gʻijim qildi, yerga tashladi!,
Koʻp yoʻqsil gullar qurbon yoʻlida..
-Nega tashladi?
-Gul soʻlgan edi…
Shuning-chun zolim yerga tashladi!
Oʻzini koʻr bir: mast ilon yangligʻ
Joyida yotib, toʻlgʻoq boshladi.
Bor, ey yigit sen, Nilning boʻyidan
Zolim qiz uchun* nilufar keltir!
Zolim qizini bu sirli kechda
Koʻp uruntir, tezroq tinchlantir.
Bir toʻplam gulni boshiga ossa,
Yana uyquga ochar quchogʻin.
Yoʻqsa bu zolim hech bosa olmas
Yuragidagi sevmaslik dogʻin,..
Qoʻy, sen qoʻzgʻalma… mening koʻksimda
Koʻz yoshim birlan oʻskan chechak bor.
Shuni berarmen, bir hidlash birlan
Sevgiga botib, bir umr uxlar!..
Buxoro, 1921


Xalq

Xalq dengizdir, xalq toʻlqindir, xalq kuchdir.
Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq oʻchdir…
Xalq qoʻzgʻalsa kuch yoʻqdir, kim toʻxtatsin.
Quvvat yoʻq, kim xalq istagin yoʻq etsin.
Xalq isyoni saltanatni yoʻq qildi.
Xalq istadi, toj va taxtlar yiqildi…
Xalq istagi: ozod boʻlsin bu oʻlka,
Ketsun uning boshidagi koʻlanka.
Bir qoʻzgʻalur, bir koʻpirar, bir qaynar,
Bir intilur, bir xovliqar, bir oʻynar,
Yoʻqlikni-da, ochlikni-da yoʻq etar,
Oʻz yurtini har narsaga toʻq etar…
Butun kuchni xalq ichidan olaylik,
Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!
Buxoro, 1921


Kel Beri

Kel menga, kel, kel menga,
Quchogʻimni ochganmen.
Turmush – haqiqat boʻlsa,
Borligʻimni otganmen.
Men kuchli, menda isyon,
Men – toʻlqin, menda tugʻyon.
Koʻpirurmen, tosharmen,
Chegaramdan osharmen!
Toʻfonim yelni bosar,
Turmush togʻlarin oshar
Va oʻlmas, mangu yashar!..
Devonabogʻ, 1921


Men Qochmadim

(Toshkentdagi oʻrtoqlarimgʻa)
Men qochmadim! Nega meni “qochdi” deb,
Yoʻqgʻa buncha shovqun-suron qildingiz?
Quchogʻini “oʻzlig”iga ochdi deb,
Oq ismimga qora zanjir ildingiz?
Men “oʻzlik”dan koʻpdan beri uzilib,
“Koʻplik” ichra botib ketkan tanamen.
U “koʻplik”ning qaygʻusida choʻzilib,
Quloch otib, suzib yurgan – yana men.
Men yangiliklar oʻlkasidan sinmagʻan
Bir qanotni taqib olib, qoʻzgʻaldim;
Shu yoʻlimda yaproqlari soʻlmagʻan
“Yosh yagʻoch”ning soyasida toʻxtaldim.
Ikki koʻzim yalt-yult etib koʻkimdan
Tilagimning yulduzini qaraydir.
Chogʻ-chogʻ yigʻlab, oʻtib ketib oʻngimdan
Qora bulut, uning yuzin qoplaydir.
Biroq yana uning yuzi koʻrinib,
Koʻzlarimni qamashtirib qoʻyadir.
Qilich botib, xanjar dilga urunib,
Tunga yana qaysi qarash toʻyadir?
Men qochmadim! – men tilakni izlaymen,
Qanot kuchlik, borgan sari tezlaymen!
Buxoro, 1921


Ulugʻ Yoʻlovchiga

A.M. ruhiga:
«
“Dunyogʻa ishlar uchungina kelganmen.”
(Oʻz Soʻzi)
»
Boqchalarda gullar soʻldi, sezmadim,
Oʻstirganlar yetim boʻldi, sezmadim,
Koʻngillarga qora toldi, sezmadim,
Sezdim sening ketganingni koʻngildan…
Ketgan yoʻling yiroq yoʻldir, keti yoʻq,
Boshlanishi quruq va keng bir boʻshliq.
Tugalishi: yana cheksiz bir yoʻqlik,
Biroq qaytmoq yoʻqdir tushkan yoʻlingdan…
Ketding, biroq izlaringda koʻz qoldi,
Tillaringda aytilmagan soʻz qoldi,
Oʻksiz boʻlib, yotlar emas, “oʻz” qoldi,
Chuqur ma’no istab eski soʻzingdan.
1921


Navroʻz Kunida

Xira, oʻchkan, kirlik, kuchsiz dillarga
Yorugʻ yogʻdu turmush sepgan yangi kun,
Sira sevinch bermas oʻzbek qiziga,
Yoʻqsa ungʻa mangulikmi qora tun?
Necha yuz yil kishanlarda entikkan
Qashshoq, yoʻqsil, tutqunlarga erk berar,
Oʻzbek qizi: “Boshqalarga erk bergan
Menga qani erking?..” desa, ne deyar?
Koʻklardagi dona-dona sochilgʻan
Yulduzlarmi ezgu kunni olqishlar?
Kimga tegar yulduz koʻzdan otilgʻan
Achchiq gina, la’natlaru qargʻishlar?
Guloy, Toʻti, Qumri, Oyxon, Yorqinlar
Navroʻz kuni devorlargʻa qaraylar.
Koʻchalarda er-qizlardan oqinlar,
Tutqunlarning yonlarigʻa kirmaylar.
Qatorlargʻa ularni ham olmaylar,
Tutqunlarni kishiga ham sanmaylar…
Tutqunlarning koʻz yoshlari bahorning
Shudringidek goʻzallikni xoʻllaylar.
“Goʻzallikni sevdim ” degan erkinlar,
Koʻrib turib uyalmaylar. Oʻlmaylar!..
Navroʻz kuni erksizlarga erk berar,
Oʻzbek qizi erkli kunda boʻsholmay,
Zindon kabi tor uyidan chiqolmay,
Qalin, ogʻir devorlarni yiqolmay,
Borligʻini keng dunyoga otolmay,
Chin erk kunni kuta-kuta telmirar…
Toshkent, 1921


Men Va Boshqalar

(Oʻzbek qizi ogʻzidan)
Kulgan boshqalardir, yigʻlagʻan menmen,
Oʻynagʻan boshqalar, ingragʻan menmen.
Erk ertaklarini eshitkan boshqa,
Qullik qoʻshigʻini tinglagʻon menmen.
Boshqada qanot bor, koʻkka uchadir,
Shoxlargʻa qoʻnadir, bogʻda yayraydir.
Soʻzlari sadafdek, tovushi naydek
Kuyini har yerda elga sayraydir.
Menda-da qanot bor, lekin bogʻlangʻon…
Bogʻ yoʻqdir, shox yoʻqdir, qalin devor bor.
Soʻzlari sadafdek, tovushi naydek.
Kuyim bor. Uni-da devorlar tinglar…
Erkin boshqalardir, qamalgʻon menmen,
Hayvon qatorida sanalgʻon menmen.
Toshkent, 1921


Kuz

Koʻm-koʻk ekan, sargʻaydilar yaproqlar –
Ogʻriq, magʻlub, tutqun Sharqning yuzidek.
Boʻronlarning koʻzlari, kim oʻynoqlar,
Gʻolib Gʻarbning qonga toʻlgan koʻzidek,
Qora bulut toʻdasi kim koʻklarni –
Sharqni yopgan parda yangligʻ yopmushdir.
Kuz qoʻshini – ogʻu toʻlugʻ oʻqlarni
Yoz bagʻriga hech sanoqsiz otmishdir!
Balo yangligʻ qator-qator chizilib,
Koʻk yuzidan qargʻalar ham oʻtalar.
Sharqdek ichdan yashiringina ezilib,
Koʻp jonlilar soʻnggi tinni kutalar.
Butun borliq – chogʻlik oʻchish oldida,
Sovuq… qora qishga koʻchish oldida.
Buxoro, 1921


Buzilgan Oʻlkaga

Ey, togʻlari koʻklarga salom beran zoʻr oʻlka,
Nega sening boshingda quyuq bulut koʻlanka?
Uchmoxlarning kavsaridek pokiza,
Sadaflarning donasidek top-toza
Salqin suvlar togʻdan quyi tusharkan,
Tomchilari yomgʻir kabi ucharkan,
Nima uchun yigʻlar kabi ingraylar?
Yov bormi, deb toʻrt tarafni tinglaylar?
Tabiatning oʻtini yoʻq oʻtida,
Sharaq-sharaq qaynab chiqqan buloqlar
Har qorongʻi, qoʻrqinch tunning betida
Shifo istab kelmasin der, qoʻnoqlar.
-Bu nega?
Ayt menga.
Koʻm-koʻk, goʻzal oʻtloqlaring bosilgʻon,
Ustlarida na poda bor, na yilqi,
Podachilar qaysi dorgʻa osilgʻon?
Ot kishnashi, qoʻy ma’rashi oʻrniga
-Oh, yigʻi,
Bu nega?
Tumorchalar xamoyillar taqingan,
Dalalarda lola bargi yopingan,
Togʻ-toshlarda oʻyin qilgan,
Chopingan
Goʻzal qizlar, yosh kelinlar qayerda?
Javob yoʻqmi koʻklardan-da, yerdan-da,
Xarob boʻlgan eldan-da.
Ot minganda, qushlar kabi uchguvchi,
Erkin-erkin havolarni quchgʻuvchi,
Ot chopganda, uchar qushni tutquvchi,
Uchar qushday yosh yigitlar qayerda?
Togʻ egasi – sor burgutlar qayerda?
Sening qattiq sir – bagʻringni koʻp yillardir ezganlar,
Sen bezsang-da, qargʻasang-da, koʻkragingda kezganlar.
Sening erkin tuprogʻingda hech haqi yoʻq xoʻjalar,
Nega seni bir qul kabi qizgʻanmasdan yanchalar?
Nega sening qalin tovshing “ket” demaydi ularga?
Nega sening erkli koʻngling erk bermaydi qullarga?
Nega tagʻin tanlaringda qamchilarning kulishi?
Nega sening turmushingda umidlarning oʻlishi?
Nega yolgʻiz qon boʻlmishdir ulushing?
Nega buncha umidsizdir turishing?
Nima uchun koʻzlaringda tutashguvchi olov yoʻq?
Nima uchun tunlaringda boʻrilarning qorni toʻq?
Nima uchun gʻazabingni uygʻotmaydir ogʻu-oʻq?
Nima uchun borligʻingda bu daraja buzgʻunlik?
Nima uchun oʻch buluti sellarini yogʻdirmas?
Nima uchun kuch tangrisi bor kuchi-la soldirmas?
Kel, men senga qisqagina doston oʻqiy,
Qulogʻingga oʻtganlardan ertak toʻqiy.
Kel, koʻzingning yoshlarini surib olay
Kel, yarali tanlaringni koʻrib olay, toʻyib olay.
Nima uchun agʻdarilgan, yiqilgan
Ogʻir toyning zahar oʻqi koʻksingda?
Nima uchun yovlaringni bir zamon
Yoʻq qilgʻunday temirli oʻch yoʻq senda?
Ey, har turli qulliklarni sigʻdirmagan hur oʻlka,
Nega sening boʻgʻizingni boʻgʻib turar koʻlanka?
Andijon, 1921


Amalning Oʻlimi

Koʻnglimda yigʻlagʻan malaklar kimlar?
Sharqning onalari, juvonlarimi?
Qarshimda ingragan bu jonlar kimlar?
Qullar oʻlkasining insonlarimi?
Na uchun ularning tovushlarinda
Oʻtgan asrlarning ohangi yigʻlar?
Na uchun yozmishning oʻynashlarinda
Har yurish koʻnglimni nishtardek tigʻlar?
Kenglik xayollari uchdimi koʻkka,
Butun umidlarni yovlarmi koʻmdi?
Mangu tutqunlikka kirdimi oʻlka,
Xayolda porlagan shamlarmi soʻldi?
Kechaning jon olgʻich qorongʻiligʻi,
Hayot yulduzini xayolmi bildi?
Shuncha tutqunlarning haqi, xaqligi
Bir hovuch tuproqqa qurbonmi boʻldi?
Ohimning oʻtidan chiqqan shu’lalar
Sharqning koʻkragida bir joy topmasmi?
Koʻksimdan qisilib chiqqan na’ralar
Uxlagan dillarga siljib oqmasmi?
Har kecha koʻklarda oʻynagan yulduz
Aytar edi menga: “Erklik yulduzi -
Tutqin yellar uchun samo kunduzi.”
Koʻngilda qolgʻusi uning bir izi”.
U bir iz koʻzimning nurlaridan ham
Yuksakdir. Men uni oʻpmak istaymen,
Agar topilmasa, bu yurtlardan ham
Koʻchib yiroqlarga ketmoq istaymen.
Yigʻlagan, ingragan amal qizimi?
Koʻkdagi yulduzlar uning izimi?
1921


Yongʻin

«
Talanmagan, yiqilmagan yer yoʻq.
Goʻdaklar nayza boshida…

(Xabar.)
»
Nega mening qulogʻimda tun va kun
Boyqushlarning shumli tovshi baqirar?
Nega menim borligʻimgʻa har oʻyun
Va har kulgi ogʻu separ, oʻt qoʻyar?
Koʻnglim kabi yiqiq uylar, qishloqlar,
Boyqushlarga buzuq koʻksin ochganmi?
Ota-ona, tanish-bilish, oʻrtoqlar
Yurtni tashlab, togʻ va toshga qochqanmi?
Shunday katta bir oʻlkada yonmagan,
Yiqilmagan, talanmagan uy yoʻqmi?
Bir koʻz yoʻqmi qonli yoshi tommagan,
Butun koʻngil umidsizmi, siniqmi?
Podalarning yaylovida boʻrilar
Qonga toʻygach, uvlaydilarmi koʻplashib,
Yiqiqlardan oʻlkalarni toʻplashib,
Oʻtmi qoʻyar alvastilar, parilar?
Tabiatning butun yomon tomoni
Shu oʻlkaga faqat jilva qildimi?
Moʻminlarning oq vijdoni, imoni
Sham soʻnganday tinsizgina soʻndimi?
Qilichlarning tillarida qizil qon,
Buloqlarning suvi yangligʻ toshdimi?
Yalang bola, yalang goʻdak – ma’sum jon
Nayzalarning boshlaridan oshdimi?
Keng yaylovga oʻtmi ketdi, yondimi?
“Madaniyat” istagiga qondimi?
1921


Uyqu

(“Bormaymen dedi” kuyiga)
Jim turing, shovqinlamang, uyqu ichida ul pari,
Yurma, tek tur, ey shamol, yursang-da yur, biroz nari!
Koʻkda bir toʻp qiz-malak uyqu kuyini boshladi.
Ilgari chalgan tirik, jonli kuyini tashladi.
Bosh uchida aylanar bir toʻp farishta jimgina;
Koʻk elining tangrisi – oy ham qaraydir tinchgina.
Ul olos koʻzlar yumulgan… kuyni yondirgachgina,
Koʻp goʻzal koʻzlarni yumdirgach, uyaldirgachgina…
Charchagan, tolgan, umidsiz koʻzlarim toʻymay qarar,
Har qarashda koʻnglima ming turli oʻylarni solar…
Bu yotish, bu uyqu, bu qanday shirin, qanday goʻzal,
Jonlanar, yuz koʻrsatar singan va yasangan amal.
U yotish, uyqu na yerda, na xayoliy koʻkda bor,
Bu goʻzal sirli tomosha menda, men oʻksukda bor.
Jim turing. Shovqinlamang, uyqu ichinda ul pari,
Koʻzlarim toʻymay qarar, borliq koʻrinma, tur nari…
Toshkent, 1921


Kurash

Baqirgʻuvchi, oʻkirguvchi bir tovush
Botirlarning jon soʻragʻan tovshidir.
Yiqitguvchi, agʻdarguvchi qoʻzgʻalish
Yaqindagi zoʻr kurashning boshidir.
Tentaklardek borar yerin bilolmay,
Unda-bunda oʻzni urgan dushmandir.
Keng yurakda tura olmay, sigʻolmay,
Toshib ketkan yoʻqsildagi imondir.
Ulugʻ, qattiq agʻdarguvchi bir kurash,
Yo bor boʻlish, yo yoʻq boʻlish,
Yoʻq – yarash!
Toshkent, 1921


Ketding!

Marhum Rahmatulla Sultonovga.
Yoʻldoshim, zamzama boʻlding-da, ketding,
Bor eding, yoʻqolding, oʻlding-da, ketding,
Gul eding,, ochilmay soʻlding-da, ketding,
Yoʻqlik dengiziga toʻlding-da, ketding.
Qichqirib orqangdan yugurdim, chopdim,
Gʻariblar mozorin istadim, topdim.
Koʻray deb soʻng chogʻda telmurib boqdim.
Sen esang yuzingni burding-da, ketding.
Elingning tilagi yetimmi qoldi,
Boshiga qaygʻini oʻlimmi soldi?
Joningni tangrisi sevibmi oldi?
Aytmading, ogʻzingni yumding-da, ketding.
Boqchanggʻa yosh qoʻllar ekalar gullar,
Ochilmoq istaylar lola, sumbullar,
Firoq kuylarini kuylar bulbullar,
Sen boʻlsa, yoʻqliqqa urding-da, ketding,
Koʻkarmay, yasharmay qurding-da, ketding.

Oʻlimdan Kuchli

(Qit’a)
— Oʻlim, sendan kuchli boshqa kuch bormi?
Tarafingdan bir marhamat boʻlganmi?
— Mendan kuchli, mendan quvvatlilar bor:
Mana, mendan hech qoʻrqmaylar odamlar.

Nimaning Hidi

Bilmaymen bu hidlar nimaning hidi?
Ruhim hidlash bilan anglagʻan edi!..
Mevjud jannatlarning eng goʻzalida,
Eng goʻzal malika atirlar sochdi,
Koʻklarning eng nozli, oʻynoq parisi
Atir qutisining ogʻzini ochdi.
Koʻngilni muloyim qitiqlaguchi,
Oʻzida har turli sir saqlaguchi,
Bu hiddir, kim horgan, charchagan dilga
Yangi umid, toza quvvat berguchi…
Muhabbat bulbuli berildi tilga!
Uzulib-uzulib tigʻlagʻan koʻngil,
Azaldan yumshoqlik koʻrmagan koʻngil,
Gullik boqchalarda yurmagan koʻngil,
Oʻzini gullarga urmagan koʻngil
Azal malagidan bir hid xidladi,
Esridi, yiqildi, oʻzi bilmadi…
Hidsiz tilaklarning totli umidi
Sonsiz havaslarni koʻnglimga soldi,
Oppoq malikaning tarqatgan hidi,
Tanimni, jonimni, ruhimni oldi!
Ey totli havaslar soʻnguchi hidni
Ruhim hidlash bilan anglagan edi!..

Ishq Yoʻli

(Erkin she’r)
Sabrning kosasi toʻlgandir,
Bu ogʻir ayriliq toʻydirgʻan,
Oh, qancha azoblar boʻlgandir,
Goʻzalim, xabaring boʻlmagʻan!
Och axir, ochgil, kim koʻksingni;
Bir nafas oʻzimni unutay.
Unutmoq butunlay “oʻzlik”ni,
Oh, shundan najotni men topay.
Kechalar… kechalar, oh sonsiz va oysiz.
Bir kecha menga xuddi bir yildir.
Qaytarib aytalar: Kechalar – roʻyosiz,
Oldinda… “Koʻp ogʻir bir yoʻldir!
Ey darvesh, bu yoʻlda birgina yoʻlchi,
Ketaver, bir kuni soʻngigʻa yetarsen!..”

Yana Qor

Yana qor! Oq kafan oʻraldi yana,
Yana koʻk qoʻydi yerga parlarini.
Qargʻaning tillari burildi yana,
Yana qish chorladi nafarlarini…
Qop-qora dev kabi bulut yigʻini
Qoplab oldi yana quyosh yuzini.
Yotqizib yoz botir “engish tugʻ”ini,
Uyqudan ochmadi sira koʻzini.
Kutdilar yoz qizi – bahor oyining
Yangi kunda yasalgusi toʻyini.
Yoz kabi turli gulga koʻp boyning
Dedilar: “Bolgʻusi chechak oyini,”
Qarigan qish boboy chidolmasdan,
Toʻy kutilganda qildi bir bosqin.
Nega ergashdi unga qorli boʻron?
Koʻp qoʻpol erdi, asti ul ozgʻin.
Bir faqat qargʻalar qor ustida,
Qogʻlashib qish boboyni olqaylar.
Toʻngdirgʻuvchi zahar sovuq tunda
Beva-bechoralar yomonlaylar.
Har yetim koʻzda tomchi-tomchi zahar,
Har faqir uyida inglayish va yigʻi.
Har sarigʻ yuzida soʻngi shu’la soʻnar,
Har tomon, har tarafda bir qaygʻi…
Yana qish… Qor kafan yopildi yana,
Qargʻaga toʻy… Oʻyin topildi yana.

Toʻfon

(Anadoʻli qishlogʻining muzaffar oʻrdalariga )
Ey Inonu, ey Sakariya, ey istiqlol erlari,
Milliy Misaq olingancha toʻxtalmasdan ilgari!
Bilamiz, kim jannat kabi tuprogʻingiz yovlarning
Goʻdaklarni yastagʻuchi oyoqlari ostida.
Bilamiz, kim tovushingiz haqsiz chiqqan davlarning,
Insofsizcha shovqinlarning, xurushlarning pastida.
Bilamiz, kim “madaniyat” beshigida oʻlturgan
Jallodlarning butun ta’ma va hislari sizlarda.
Bilamiz, kim “ozodlik” deb shovqin qilgan, baqirgʻan
Boʻrilarning och koʻzlari, oltin toʻla yerlarda.
Bilamiz, kim unlar sizni yashamoqqa qoʻymaylar,
Bilamiz, kim qoningizni tomchi-tomchi ichalar,
Bilamiz, kim unlar sira yuvosh xalqni sevmaylar,
Bilamiz, kim tuproq uchun insonliqdan kechalar.
Bilamiz, kim siz yoʻqsullar soʻng chogʻda
Shunday yomon dushmanlarning qoʻlida
Mangu asir, mangu tutqun boʻlishni
Istamasdan qoʻlga yarogʻ oldingiz.
Bilamiz, kim qator-qator qishloqlar
Sinasiga non toʻldirgʻan tuproqlar,
Oʻt ichinda, shuning uchun oʻlishni
Ortiq koʻrub, jonni oʻtqa soldingiz.
Jonni qongʻa –oʻqqa oʻtqa soldingiz.
Faqat bu kun totli bir oʻch oldingiz,
Yana bir qoʻr tarixlarda qoldingiz!
Ey istiqlol, ey Saqariya, ey Inonu erlari,
Yur, mazlumlar toʻfonining oʻch olgʻuchi sellari!

Geliyorsung!

(Sharq Qurultoyi vakillariga)
«
...
Yoʻldosh Fayzulla Sayidga armugʻonim.
»
Geliyorsung dagʻ, tepeler asharaq,
Geliyorsung su, dengizler gecherek,
Geliyorsung amaline-qosharaq,
Geliyorsung oʻz yolingi secherek.
Choqdan beri soʻnmish olan guneshing
Tepelerin yeng bashindan goʻrundi,
Choqdan beri yuz doʻndurmish mexveshing
Emelinging nurlarina burundi.
Her safxasi alchalmani yazarak,
Sening uchun qan agʻlayan tarixing,
U yollari xayalile bozarak
Yazmadadir parlayishin yarning.
“Sharq goʻzeli” deye gʻarbi yandiran
Kara sachli, kara goʻzli u sening
Goʻzel qizing, oʻlumleri andiran
Chexresile agʻliyordu: Ben onung
Goz yashlari arasinda batiyor,
Bogʻuluyor oʻluyordum… Gelmiyor
Gelmiyordi imdadima xech kishi
Kesilmishdi sanki jaxan nefesi.
Dagʻ, tepeler, aship yevet sen gelding
Ben de shimdi aliyorum geng nefes;
Sen de zaten ruxen esir degilding,
Yalgiz sening vujudunu kisardi
Alchak gʻarbing geydirdigi dar kafes…
Vujudunga pek dardi.
Geliyorsun dagʻ, tepeler asharak,
Geliyorsun choʻl, saxrolar gecherek
Bekliyorum ben de xayat icherek,
Yullarina gul laleler sacharak,
Kuchagʻimi acharak!
Xararetli, selamimi kabul et
Xurmetimi butun Sharka takdim et!

Yashayish

Ogʻir-ogʻir va faqat qaygʻidan yiroq uyqu,
Nechun uzoqlarga qochding, ki koʻp yamandir bu!
Koʻzum ochildi, biroq koʻrmadim goʻzallikni,
Koʻngulda yosh ila koʻrdim butun tubanlikni…
Yoʻq ermas erdi goʻzallik bilan chiroylilik,
Faqat ular tubida jilvalandi hayvonlik…
Kulib qarar edi dunyosi goh-gohlari
Faqat kulushlar ichinda, figʻon va ohlari!
Nechun ochildi koʻzim, qayga ketdi uyqularim?
Bu uygʻonishda toʻlib toshdi qaygʻularim…

Kulmak Istading

Ne uchun kulmak istading, goʻzalim?
Yoʻqsa soʻlmoqdi lablaringning ishi…
Ne uchun tishlaringning berkinishi
Bu yoʻli bitmak istadi, malagim?
Sen, ki kulmak bilan vujudimni
Ba’zida sevgiga koʻtararding.
Soʻngra birdan yana choʻkar erding
Eski, behuda, keng xayollaringga.
Ol qoʻlimni bir oz-da qoʻllaringga,
Koʻkka behuda qoʻyma dudimni!
Sevgi – dard, sevguvchi-da – bir tentak.
Sen-da tentakdan e’tiroz etasen.
Qochasen. Oh, faqat odosh ketasen.
Istaging bormi, kim borib yetasen?
Qayda boʻlsang-da, gʻirt boʻgʻar sevmak,
Sevgidan kechmak istasang, goʻzalim,
Tashla, bexuda oʻydir ul, azalim.
Menga bir kulmak istading, malagim.
Kul, ki kulsun kulolmagan tilagim!
1922 yil, Buxoro (Harbiy xastaxona).


Yotoqdan…

Ogʻriq oldi, qaygʻu oldi, zor oldi,
Soʻnuk koʻzli, bagʻri ezik yor qoldi.
Qayda qoldi Mulla Bozor – devona,
Qulogʻimga oʻqir edi afsona:
Ezgu joyga oq ot bilan kirgan(i)ni,
Dil ka’basin oʻqlar bilan buzgan(i) ni…
Yiqiqlardan, qabrlardan tovushlar;
Oʻluklarning salomini oʻqiylar.
Borligʻimni qoʻrqinch oʻtlar hovuchlar,
Xonaqohlar fano toʻri toʻqiylar.
Sirli sirdan qilday boʻlsin xabar yoʻq,
Yoʻqsa ul-da* oʻtganlardek soʻndimi?
Oq deb, pok deb yurganlarda dil buzuq,
Yoʻqsa fano maysalari undimi?
Alam oldi, firoq oldi, qon oldi,
Amal qoldi… Koʻzi yoshli jon qoldi.
1922 yil, Buxoro (Harbiy xastaxona).


Mastlikda

«
...
X…ga.
»
May bu kun shishadan toshib chiqmishdir,
Uning bir tomchisi yerga tushmasun.
Uni xayolimiz amal demishdir,
Amallar majlisdan chetka koʻchmasun.
Maylar shishalarda qoʻshuqlar aytib,
Bizning iydimizni qutlab turadir.
Mayning koʻpuklari ming qatla qaytib,
Majlis lazzatini soʻzlab turadir.
Mayning atrofinda eski oʻrtoqlar,
Yigʻilib oʻlturib, suhbat qilalar,
Majlis shodligʻini koʻrub oppoqlar”
Hurmat yuzasidan salom beralar.
Mayning koʻpuklari tutqun oʻgʻlini,
Qaygʻu choqlarida yupatib tursun,
Mastlikda oʻrganib oʻng va soʻlini
Oʻksuk bolalari u yoʻldan yursun.
Mayning koʻpuklari koʻzning qorasi,
Mastlar oʻlsalar-da “eslik” qilgʻusi.

Qilich Va Qon

Qilichim qinda qolmasin, chiqsin,
Tigʻigʻa tillarim tomizsin qon,
Amalim qonli tigʻim oʻpsun,
Qolmasin qonni sevmagan bir jon.

Qizarish

Nechun qizardi yuzing qip-qizil anor yangligʻ,
Dilingda oʻynoqi bir sharpa oʻtdimi shoshilish?
Koʻzingda kuchli havaslarning izlari qolmish…
Qizarmogʻing, yoʻq esa, sirli ipkami bogʻligʻ?
Qizargʻaningda labingdan-da bir tilak uchdi,
Uning qanotlari koʻnglimga gʻamli yel urdi.
Oyimni ul tilagin birla ilgari surdi
Va koʻkda bir toʻda aldamchi sevgilar quchdi…
Nechun, nechun yana koʻzlarda tomchilar oʻynar?
Nechun, nechun bu alamlarni koʻmmadik birga?
Nechun, ularni tashiylikmi soʻng qoʻnuq – goʻrga?
Nechun yuzing yana soʻlgʻun, nechun uzun oʻylar?
Labingda birgina soʻz bor, faqat deya olmaysen,
Nechun uni demakka kechmishingmi qoʻymaydir?
Nechun meni koʻrganda endi soʻzlay olmaysen?
Nechun sening qarashing oʻyga hech toʻyolmaydir?
Bir oz… bir oz soʻzla. Anglatib ber sen,
Labingda mangu yopiq qolmasun u birgina soʻz.
Goʻzal chechakdek ochilsun soʻnuk va soʻlgʻin yuz
Va men-da dardingga bir chora, bir shifo topayin.
Labingda qolsa u soʻzlar yana oʻshal qizarish,
Yana koʻnglingda haromi va oʻynoqi sharpa,
Yana soʻnish va oʻchish… mangu, doimo qargʻish,
Bitar, ketar shu balolar… labingga jon kirsa!
Nechun yuzingda qizil choʻgʻ kabi yonish, qizarish?
Yararmi menga-da bilmak, nechun, nechun bu ish?
1922 yil, Buxoro (Harbiy xastaxona).


Ziya-Yi Qamar

«
...
(Usmonlicha)
»
Qamar ziyasini dokdukche dalgʻali dengize,
Gelir xayolime gechmish o umr-i ishq-i heves.
Yuzung ziyasini serpdikche bu soluq bengze
Goʻngul telatuna bashlar; faqat yuzunde qafas.
Goʻngul qafesda telamla ugʻrashirken ben,
Zavolli ben gine avare ishqing ardindan
Qoshar, gider. Gine emeli bulmayaraq
Doʻnar, gelir, dok’kerim qatrler…sefef gibi aq!
Dengiz miyab-i kebud ile ishte chalqanaraq
Telatumunda mudavim… ben ishte aldanaraq
Goʻngul telatum ile “ishq gel, biriqma!” derim,
Ve shoʻyle ishq-i serabing elinde jom verir idim.
Dengiz telatumi ustunde bir yigʻin periler,
Beyaz, xafif sise benzer zarif telbisle
Qamar ziyasini oʻqshar ve raqs eder, sevinir.
Dengiz quchagʻi – oʻyun baqchasi guler, oynar.
Ben ishte sevgili umudler … ve song teneffusle
Nefes alir ve gine rahima girer, giderim,
Bu yoʻlda janum, hich shubhasiz, feda ederem….
Qamer ziyasinin serper o dalgʻali dengize
Yuzung ziyasini serper bu sopsoluq bengize.
1922


Ogʻriganda

Boʻgʻiq, qisiq, asabiy bir koʻngil bilan tun va kun
Toʻshakda, oʻylar orasinda ingrab yotmak
Ogʻir… qiyin…
Bu yotishning soʻngi, soʻngi kelsun!
Yozilmaganmi bu tunlar soʻngida tong otmak?
Koʻzimda erta va kech bir yigʻin xiyol ochilar,
Xayol bilan koʻraman, koʻk yuzi bulutli kabi,
Butun koʻngil va yuraklar olovli, oʻtli kabi;
Bulut koʻzidan esa yerga ogʻu –yosh sochilar.
Mening oʻyimmi qora? Yoki yurt koʻkida bulut,
Quyuq bulut toʻdasi qonli yosh toʻkib yigʻlar?
Menim bu xasta dilimni yana nechun tigʻlar?
Menim-da koʻksima boqmoqchi istar ul bir oʻt?
Boʻgʻiq , qisiq bu koʻngil kuchli oʻt bilan yonadir,
U oʻt orasida yurtning xayoli jonlanadir…
Buxoro, 1922


Qish Kechalari

«
...
(Ruschadan)
»
Bolalar, sizlarga
Koʻp yaxshidir qishki tun.
Erinibgina yotasiz,
Tancha issiq, choʻgʻ qizgʻin.
Goh-goh chiqib tanchadan
Quvalashib oʻynaysiz.
Esga tushgan oʻyinning
Hech birinn qoʻymaysiz.
Shovqin qilib, baqirib,
Chaqirasiz, janglaysiz.
Eng soʻng yotib kampirniig
Choʻpchagini tinglaysiz.
Tashqarida qor-boʻron,
Zahar toʻkar qora qish.
Undan qoʻrqib toʻxtalmas
Sizda oʻynash va kulish.
Ammo bu xil sevinchlar
Hammada ham boʻlmaydi.
Hammaning ham bolasi
Qishda oʻynab-kulmaydi.
Yer yuzida juda koʻp
Yoʻqsil, yetim bolalar.
Bechoralar nonga ham
Yaxshigina toʻymaylar.
Ba’zilarning yosh chogʻda
Onalari oʻlgandir.
Shundoq qilib yoshlikdan
Gul yuzlari soʻlgandir.
Ular uchun na tancha,
Na oʻtin bor va na choʻgʻ.
Na choʻpchaklar aytgali,
Na sevgali kishi yoʻq.
Shundoqlarnn koʻrsangiz,
Koʻngillarin koʻtaripg.
Yo aka, yo uka deb
Birga turing, bir yuring.
Chorjoʻy, 1922


Oʻtli Suv

Zoʻr dengizning toʻlqinidir, bagʻrimda
Yuz yillarning qonli qoʻrqinch izi bor.
Yumshoq suvdan birikirgan ogʻzida
Shafqat bilmas isyonlarning soʻzi bor!
Qanday magʻrur axmoqlar, kim tinch yerda
Tot olurlar uni qargʻab, soʻkmoqdan.
Yoʻlchi boʻlib, yoʻlga chiqqach, bu yerda
Jon berarlar dahshatidan, qoʻrqmoqdan.
Qora bulut koʻzlaridan koʻp choqlar
Hovuch-hovuch yangi kuchlar oladir.
Ey tinch yerda kular yuzli oʻynoqlar,
Sizga yolgʻiz qovogʻini soladir.
Savatingiz, xurjuningiz koʻrdi, kim
Koʻz yoshlari qaygʻular-la toʻlmishdir.
Uchib oʻtkan yoʻlchilardan soʻrdi, kim
Qoʻlingizda jon yigitlar oʻlmishdir.
Koʻpirar ul, hovliqar ul, toshar ul,
Goʻringizdan na’ra tortib oshar ul!..
Toshkent, 1922


Sevgi Va Saltanat

Keng talada kiyik oʻynar,
Kiyik koʻzin yigit oʻylar,
Kiyik koʻzi koʻngil tortar,
Oshiq koʻrsa dardi ortar.
Kiyik koʻzi oʻynoq boʻlmas,
Yigit qancha boqsa toʻymas,
Yosh yigitning ishqi oʻlmas,
Ketsa... sira qaytib kelmas.
Sevsang sevgin yoshligingda,
Chin sevgiga boshliging-da,
Bir sevgidan soʻngra sevmak,
Sevgini aldamoq demak.
Oʻrdalarda sevgi boʻlmas,
Shahzodalar seva bilmas.
Sevgi asil yaylovlarda,
Hunarmidir yov-yovlarda?
Tangri sevgi yaratgʻondir,
Yaylovlarga tarqatgʻondir,
Oʻrdalari bek — xonlarning
Uyasidir yomonlarning.
1922


Shu Kunda

Istaginga yetar yekan, qanotlaring sindimi,
Ey koʻnglimning bulbuli?
Senga qarshi kulib turgan goʻzal chechak tindimi,
Tashladimi bir yo’li?
Xavo yorgʻan koʻkragingni sevgi yeli tildimi,
Qon toʻlami xar tomon?
Koʻzlaringga ayriliqning iplarini ildimi?..
Shu qiligʻani koʻp yomon.
Yo yerkinlab xidlagali bermaylarmi gulingni,
Toʻsalarmi yo’lingni?
Gul oʻzimi koʻzlaringdan koʻzlarini qochirdi,
Yo’qliklarga yashirdi?
Shu yulingan parlaring-la ucholmassan, yo’qsil qush,
U umidlar xavosidan yendi bir oz tuban tush!..
Toshkent, 1922


Sendan Yiroqda...

Yiroqlashdim, uzoqlashdim bir necha kun sendan,
Xol soʻrab koʻr mendan,
Nega muncha ogʻir keldi bu yiroqliq menga,
Anglatayin senga!
Chunki sening qarashingda men ayriliqni oʻylamay
Koʻzlaringga tikildim.
Oʻzligimga, borligʻimgʻa baho qoʻymay, sanlamay
Yerga qadar egildim.
U koʻzlarning toshqinida baliq kabi suzganmen.
Ayriliqni oʻylaymi?
Boshqa dunyo, bosqa oʻydan bogʻlanishni uzganmen.
Senga qarab toʻyaymi?
Mana endi bir nacha kun sendan yiroq qoldim-da,
Qaygʻulargʻa koʻmildim,
Ayriliqda qaygʻu ichra ulishimni oldim-da,
Koʻzlaringni xoʻb bildim.
Endi senga koʻngil dardin butkul ochib beraymi?
Istaysanmi sen shuni?
Istamasang, qistamaymen… Oldin seni koʻraymi,
Soʻng aytaymi men uni?
Yaxshi,… endi qanotimni rostlayin,
Uchib borib oldin seni topayin,
Soʻng dardimni ochayin.
Toshkent, 1922


Goʻzal Fargʻona

Ey, goʻzal Fargʻona qonli koʻylagingdan aylanay,
Tarqalib ketgan qora, vahshiy sochingga bogʻlanay.
Vahshiy bir oʻrmon kabi bagʻringni bosmishtir qamish,
Koʻzlaringda hech koʻrinmas bir olov, bir oʻt yonish.
Keng choʻziq yaylovlaring yovlarga ochmish koʻksini,
Bir qora parda bosibdir tuprogʻingning ustini.
Koʻzlaring soʻlgan, oʻlik ruhing bilan boqding menga,
Qutulishning yulduzu aslo koʻrinmasmi senga?
Ul baland zoʻr togʻlaring nega toʻsolmas yov yoʻlin?
Yoʻqmidir oʻtkur qilich kesmakka yovlarning qoʻlin?
Biz butun ojiz, zaif, bagʻri ezilgan sen uchun,
Bul qadar qonlar toʻkildi ul daxidir sen uchun.
Yigʻlama, yurtim, agarchi bul kuningda yoʻq bahor,
Kelgusi kunlarda baxting yulduzi oʻynab qolar.

Goʻzal Turkiston

Goʻzal Turkiston, senga ne boʻldi?
Saxar vaqtida gullaring soʻldi.
Chamanlar barbod, qushlar ham faryod,
Hammasi mahzun. Boʻlmasmi dil shod?
Bilmam ne uchun qushlar uchmas bogʻchalaringda?
Birligimizning tebranmas togʻi,
Umidimizning soʻnmas chirogʻi.
Birlash, ey xalqim, kelgandir chogʻi,
Bezansin endi Turkiston bogʻi.
Qoʻzgʻal, xalqim, yetar shuncha jabru jafolar!
Ol bayrogʻingni, qalbing uygʻonsin,
Qullik, asorat – barchasi yonsin.
Qur yangi davlat, yovlar oʻrtansin.
Oʻsib Turkiston, qaddin koʻtarsin,
Yayrab, yashnab oʻz Vataning gul Bogʻlaringda!

Barg

Jonlandi, yashardi, koʻkardi qarashim,
Oʻzimda bir turli erkinlik sezamen.
Koʻnglimda qolmadi shu tinda gʻam-gʻashim,
Umidning ipaklik qilini choʻzamen.
Shu chogʻda, shu bogʻda har narsa yumshoqdir
Har narsa koʻkargan, har narsa yashnaydir.
Shu bogʻda, shu chogʻda har narsa oppoqdir,
Quyosh-da nurini hovuchlab tashlaydir.
Ariqda suvlarning oʻynoqi qoʻshigʻi
Shoxlarda uxlagan barglarni uygʻotdi.
Ayniqsa, shamolning u yumshoq shoʻxligi
Shoxlarda barglarni titratdi, oʻynatdi.
Qip-qizil qanotli kapalak, yoʻlida
Uchratdi chiroyli chizanak qizini,
Kapalak tikilgach, u qizcha qoʻlida
Ushlagan yaproq-la berkitdi yuzini.
Oltinli qoʻngʻizni bolalar ushlashib,
Ip bilan koʻklarga uchirib oʻynaylar.
Qullikni sevmagan yoʻqsilni kuchlashib,
Nimaga oʻzining erkiga qoʻymaylar.
Lablarim shu tunda chanqagʻan, qizargʻan.
Kavsarning suvidan sharoblar istamas.
Farishta qiliqli, malika qizlardan
Chanqoqni bosuvchi bir oʻpich soʻramas.
Koʻklardan malaklar qiz boʻlib tushsalar.
Yana men oʻtlarni qoʻynimga qoʻymaymen.
Qoʻynimga toʻlsalar, qoʻynimdan toshsalar
Gullarning hidlari… Men sira toʻymaymen.
Oʻpmaymen shu chogʻda farishta – malakni,
Oʻpamen butoqda titragan bir bargni…
Buxoro, 1922


Nima?

Bir-ikki yaxshi soʻz aytding,
Holimni anglaganingmi?
Koʻzlarni qaygʻili etding
Holimgʻa yigʻlagʻaningmi?
Yotliklar bitdimi endi,
Ortiq men senga yaqinmi?
Qargʻishlar bitdimi endi,
Oldimmi eski haqqimni?
Toʻydirgich, qop qora tunlar
Yopqichni oldimi bizdan?
Yurgaymi yogʻduli kunlar
Sen boskan “sevgili” izdan?
Koʻklamning oldini toʻskan
Zulmatlik qishmi yiqildi?
Boʻynigʻa lolalar oskan
Koʻklammi oʻrniga keldi?
Koʻnglimda sirli qoqilgʻan
Koʻnglumning sarposidurmi?
Yo koʻkda yanglish otilgʻan
Bir yulduz kurrasidirmi?
Bir soʻzla, birgina soʻzla,
Qoldirma shubha koʻngilda!
Toshkent, 1922


Vijdon Erki

«
...
(Tutqunlargʻa)
»
Ey tutqunlar, ey ezilgan,
Ey qiynalgʻan yoʻqsul ellar!
Ey umidsiz, eh chizilgʻan
Dor oldiga… oppoq dillar!
Ey bevalar, bechoralar,
Ey bogʻlangʻan kishanlarga,
Ey erk uchun ovoralar,
Koʻp yalinmang siz ulargʻa!
Boʻrilardan omon kutmak
Tentaklarning ishidir ul.
Har ma’nini hatlab oʻtmak
Turmushda eng toʻgʻri bir yoʻl.
Zulm oldida har bir narsa,
Ehtimol, ki boʻynin egar.
Agar zulm avjga kelsa,
Koʻk boshi-da yerga tegar.
Hayvonlargʻa, insonlargʻa
Zolim ega boʻlmay qolmas.
Faqat erkin vijdonlargʻa
Ega boʻlmak mumkin ermas!..
Samarqand, 1922


Sharaflik Xizmat

«
...
(Oʻzbek sahnasining qiymatli san’atkori Sa’diya Tutashqa)
»
Ey, yoʻqsullar sahnasida eng qiymatli san’atkor,
Ey, zang bosqan koʻngillarni oqartquchi malika!
Bu kun seni koʻnglum butun borligʻila olqishlar;
Faqat, qancha olqish, hurmat qilinsa-da oz senga!
Oʻzbek qizi oʻz ogʻzida aytolmagan soʻzini,
Sening oʻtkir tiling bilan eshittirdi eliga,
Oʻzbek qizi sil oqartqan, soʻlgʻun, gʻamli yuzini
Sen orqali koʻrsatdi-da, qutultirish yoʻligʻa.
Bu kun yurtning har yerida oʻzni tikkan yigitlar
U qop – qora pardalargʻa: “Yirtil, endi bas!” deyilar.
Ey pardalar, chimmatlarning ostidagi qaygʻuni
Tirik, jonli shakli bilan el koʻziga koʻrsatkan;
Ey, devorlar orqasida yigʻlaguvchi cholgʻini
Quloqlarga eshittirib, shafqat hissi qoʻzgʻatkan,
Ey, san’atning eng havaslik, eng berilgan malagi,
Bu kun senda sahnamizning barcha umid, tilagi!
Oʻzbek qizi yana koʻp yil kishanlardan qutulmas,
Koʻz yoshlari yana koʻp yil oʻz yuziga toʻkilur.
Uning yuzi yana koʻp yil shodlik koʻrmas, ochilmas,
Yana koʻp yil tovushlari qorongʻida yoʻq boʻlur.
Shuning uchun mendan senga eng samimiy olqishlar,
Ey yoʻqsullar sahnasida eng qiymatli san’atkor…
Toshkent, 1922


Yupanmoq Istagi

Bilmadim koʻnglimni yupatgay kimlar:
Togʻlarmi, toshlarmi yo oqar suvlar.
Yoki kishanlardan boʻshalgan qullar,
Yoki sevilmasdan tashlangan tullar?
Yoki oydin tunda koʻzimni olmay
Koʻklardan yupatqich yulduz axtaray?!
Yoki tong chogʻida sabo yupatgʻay,
Yoki oydan tomgan vafosiz nurlar?
Yoku koʻz yoshidan yigʻilgan bir koʻl
Boʻyida egilgan tolda bir bulbul
Sayrasa, yigʻlasa, ma’shuqasi gul
Kulganda yupatgay koʻldagi xurlar?
Charchagan yoʻlovchi yoʻldan adashsa,
Tekis yoʻl qolsa-da, togʻlarni oshsa,
Yoʻlni koʻrsatuvchi yulduz-da qochsa,
Shunda yupatgaymi yalangʻoch choʻlllar?
Erkin dalalarning erkin sultoni,
Sonsiz podalarning yolgʻiz choʻponi
Nay chalib togʻlardan istasa yorni,
Balki yupatgusi “yor” degan kuylar?
Turmushda, xayolda… har bir narsada
Yolgʻiz aldanishni koʻrgan bir banda
Borliqqa qargʻishlar yogʻdirgan tanda
Balki yupatgusi u achchiq soʻzlar?
Dengizlar qaynasa, toshsa suvlari,
Kesilsa yoʻlchining istak yoʻllari,
Dengizga aylansa oʻng va soʻllari,
Balki yupatgʻusi hoʻllangan koʻzlar?
Koʻngilda uygʻonsa yengil havaslar,
Uzilsa, buzilsa oltin qafaslar,
Birga ichishsalar bir toʻda mastlar,
Balki yupatgaylar oʻynoqi qizlar?
Oʻylangan oʻylarga koʻngil yupanmas,
Koʻngilning istagi oʻy bilan qonmas,
Aytarlar bu tunda yorugʻ sham yonmas,
Chaqmasa gugurtni asl oʻgʻillar….
Jumabozor stansiyasi (Oʻrta Osiyo temir yoʻli), 1922


Ketkaningda

«
...
(Kleupatraga)
»
Ketdingmi manguga tashlab,
Qoldimmi qaygʻularim-la?
Hijronning kuyini boshlab
Yigʻlovchi cholgʻuvlarim-la?
Sevgimdan soʻnggi malaklar
Toʻp-toʻgʻri koʻkkami uchdi?
Koʻnglimdan toza tilaklar
Yovningmi bagʻrigʻa tushdi?
Ortiq sen mendan uzoqda
Koʻzlarni oʻynatasenmi?
Ortiq sen boshqa buloqda
Dillarni qaynatasenmi?
Ortiq sen undagi bogʻda,
Ortiq men yakkami qoldim?
Faryod yoʻq… barcha jahon jim,
Yer yutsa yaxshi shu chogʻda!…
Ketdingmi sen meni tashlab?
Qoldimmi qaygʻumni boshlab?
Toshkent, 1922


Qoʻzgʻalish

Ey! Sen meni haqir koʻrgan, tuban degan afandi!
Ey! Ustimda bir umrga xoʻja boʻlmoq istagan,
Ey! Boʻynimgʻa kishan solib, halokatka sudragan,
Koʻzlaringni zaharlatib oʻynatmagʻil, bas endi!
Kishanlaring zang bosgandir, sergak boʻl, kim uzilur,
Tomirimda qoʻzgʻalishning vahshiy qoni koʻpurdi.
Eski fikr, an’analar endi butkul uzildi,
Yo bitarmen, yoki sening saltanating buzilur!
Ey! Sen meni qul oʻrnida ishlatguvchi afandi,
Titra, qoʻrq, kim bogʻliq quling bosh koʻtargan kuch endi!
Toshkent, 1922


Satang

Qop-qora sochidan ikkita gajak
Buralib-buralib yuziga tushmish.
Qolgʻanlari yana boʻlakma-boʻlak
Belidan yilondek yerga choʻzilmish.
Uning yuzlarida boshqa qizlardek
Ketsiz qaygʻularning izlaru yoʻqdir.
Balki erkda oʻsgan erka qizlardek
Toʻlgʻin yuzlarida doim shoʻxlikdir.
Koʻzlari kulishdan boshqani bilmas,
Har doim ogʻzidan shakar toʻkilur.
Sevgidan boshqaga boʻyin egilmas,
Oldida soʻfining ahdi buzilur…
Ixcham barmoqlari qilda yugursa,
Jonsiz qillardagi qush kabi sayrar.
Yengil oyoqlari yoʻrgʻalab ketsa,
Sil boʻlgan koʻngil ham ochilar, yayrar!
Qizil yuzlarida ikki gajakcha…
Ayniqsa, koʻp koʻrkam boʻlgʻan shu kecha!..
Toshkent, 1922


Koʻngil

Koʻngil, sen munchalar nega
Kishanlar birla doʻstlashding?
Na faryoding, na doding bor,
Nechun sen muncha sustlashding?
Xaqorat dilni ogʻritmas,
Tubanlik mangu ketmasmi?
Kishanlar parchalanmasmi?
Qilichlar endi sinmasmi?
Tiriksen, oʻlmagansen,
Sen-da odam, sen-da insonsen.
Kishan kiyma,
Boʻyin egma,
Ki sen ham hur tugʻilgʻonsen!
Toshkent, 1922
* * *
«
...
(Aleksandr Blokdan)
»
Koʻngil jimdir, sovuq koʻkda,
Qarab ungʻa yonib turgʻan
Hanuz-xolo u yulduzlar.
Butun atrof va har yoqda,
“Xan-oltin” deb figʻon qilgʻan
Talashchi, gʻalvachi eller.
U jim, lekin figʻonlargʻa
Quloq bergan va koʻz tikkan
Uzoqlargʻa, yiroqlargʻa…
Toshkent, 1922


Odam Va Qush

«
...
(Ruschadan)
»
Goʻzal qushlar! Mening munda borligim,
Hech sababsiz qoʻrqitadir sizlarni!
Sira qoʻrqmang! Sayray bering erkinlab,
Koʻnglingizda yashrin yotgan sirlarni!
Ham dalada, ham boqchada — tinch boʻling!
Tutmoq uchun sizga tuzoq qoʻymayman.
Erkinlikda erkli boʻlib yashashning
Qimmatini men oʻzim ham bilaman!..
Toshkent, 1922


Kishan

Kishan, gavdamdagi izlar bukun ham bitkani yoʻqdir!
Temir barmoqlaringning dogʻi butkul ketkani yoʻqdir!
Na mudhish, na sovuq manxus, qizgʻanmas quchogʻing bor!
Bashar tarixining har sahfasida qonli dogʻing bor!
Yumilmas koʻzlaringning har biri bir elni qahr aylar,
Faqat bir borligʻingdir, kim butun borliqni zahr aylar!
Qulf birlan sening erkingda koʻp yillar qolib ketdim…
Faqat har tebranishdan qutulishlikni umid etdim.
Kishan, gavdamdagi dogʻing hanuz ham bitkani yoʻqdir,
Faqat butkul qutulmoqqa umidim endi ortiqdir!..
Toshkent, 1922


Qish Oldida

Koʻklam ketidan yozni uzatdik, u-da ketdi,
Kuzning-da bulutli, qora davri kelib oʻtdi.
Barglar yana sargʻaydi, yana toʻkildi, yana boʻshliq…
Qushlar yana toʻp-toʻp qochalar… Qargʻa faqat shod!
Har narsada bir qaygʻi, kadar, rangi soʻlishliq….
Ichdangina, tinsizgina har narsada bir “dod”…
Dunyo… yaratilganda xunuk, chirkin emish-da,
Koʻklam bila yoz unga kiyimlar kiygizarmish.
Kuz… hech koʻra olmas, ichi tor, qizgʻin emish-da,
Har narsani soʻldirguvchi qoʻlni tegizarmish.
Kuz davrida dunyo kiyimi qolmas emish-da,
Qish chogʻida unga qaramoqlik-da yomonmish…
Bir qargʻa faqat koʻzlarini olmas emish-da,
Qargʻa shu uchun qishda kuyarmish-da, yonarmish…
Xolbuki, na kuzdan va na qishdan yuz oʻgirmay,
Har qaysisidan koʻnglim uchun topdim oʻyinlar.
Yozlar kabi qishlarda-da gʻam rangini koʻrmay,
Oʻtmakda quyosh qoʻynida kunlar kabi tunlar!
Dunyo kiyimi yirtiq esa qaygʻi kerakmas,
Kunning birida yerga tushar paxta kabi qor.
Dunyo taniga qor kiyimi nega kelishmas?
Oqlik ichida qop-qora koʻz… oʻt kabi chaqnar!
Koʻklam kabi qishning-da goʻzal gullari bordir.
Yozlar kabi qishlarda-da oltin kechalar bor.
Koʻklam kabi qishning-da goʻzal tunlari bordir.
Qishlarda-da yozlar kabi jon – mugʻbachalar bor!
Koʻklam-da ketib, yoz-da bitib, kuz-da tugaldi,
Ey, qish bobo, chiq oʻrtaga, navbat senga keldi!
Toshkent, 1922


Alamzadalar...

«
«Oʻlikka yigʻlash man’ qilinsun»
(Mahkama Qarori)
»
Voy, bu qanday zamonki, qanday ish?
Yigʻlamoq endi yoʻq boʻlar ermish...
Bobom oʻlganda biz yetim boshliq,
Toʻnimiz ustidan chizgib belni,
Ushladik tol tayoqni, koʻz yoshliq,
Yigʻladik... yigʻlatib butun elni...
Bizni koʻrganda har kishi dedikim:
«Barakalla, kuyib, yonib yigʻlar!»
Bizda lekin gʻaraz boʻlak edikim,
Muni aqli toʻla kishi onglar!
Bobomiz oʻldi, ketdi... rahmatlik,
Oʻzi ham koʻb yomon qarib edi-da...
Oʻlishi boʻldi bizga zahmatlik,
Bu mahalla-koʻyi yomon edi-da!
Boʻyinimizdan botib ketib qarzga
Hovli-joylarni balki sotgʻaymiz,
Soʻngra bor-yoʻgʻimizni sarf qilib arzga,
Qozining yoʻllarida yotgʻaymiz...
Voy bunday qaror, bu qanday ish?
Shu balolarmi yoʻq boʻlar emish?..
1922


Erkinlik Istagi

Erkin koʻnglim chiday olmas bu siqiq,
Bu bogʻlangʻan, bu “egalik” turmushda.
Agar shunday keta bersa, bu aniq,
Tilak uchun qila olmas bir ish-da!
Shuncha choqlar chidab kelgan koʻnglimga
Bu kungina oʻz chizigʻi tor keldi.
Goʻyo uning qoʻl tegmagan boʻyniga
Ip bogʻlanib, juda qattiq tortildi.
Ul intilib, ul urinib yotadur,
Tor qafasdan qutqargʻali oʻzini.
Tevarakka achchiq qargʻish otadir,
Bilmadim, kim qon bosganmi koʻzini?
Bundan burun ul koʻp ogʻir tinlarni
Chidam bilan, tinchlik bilan oʻtkardi.
Qarshisida avrab turgan jinlarni**
Koʻra turib quramadi, ketkardi,
Shuning uchun tubanlarning tubani
Yovuz, buzuq kishilar ham erkincha
Talarlardi, emarlardi-da uni
Soʻkarlardi orqasidan har kecha.
Ul qanday tor, qanday siqiq yerlarda
Qanday buzuq chiziqlarda boʻlmadi?
Ul qanday xor***, qanday tuban yerlarda
Qilini ham qimirlatmay turmadi?
Endi ul-da tor chiziqdan bezgandir,
Qaytib unga kirishlikni istamas,
U ma’nosiz “egaliklar” ezgandir,
Ular bilan bir tin boʻlsin turolmas.
Ul erkinlik, oʻzboshlilik istaydir,
Ketga qarab – oʻlim boʻlsun – ketmaydir.
1922


Qizlarning Daftariga

Koʻngil, tinmas koʻngil, endi yetar, koʻz tikma gullarga,
Goʻzaldir, yoshdir ul gullar… faqat aldanma unlarga,
Ki qizgʻanmas, koʻngul qoʻymas seningdek oq koʻngullarga!
1922


Binafsha

Yoz qaygʻusi
Binafsha senmisen, binafsha senmi,
Koʻchada oqchaga sotilgan.
Binafsha menmenmi, binafsha menmi,
Sevgingga, qaygʻungga tutilgan?
Binafsha, nimaga bir ozroq ochilmay,
Bir erkin kulmasdan uzilding?
Binafsha, nimaga hidlaring sochilmay,
Yerlarga egilding, choʻzilding?
Binafsha,
Ayt menga,
Kimlardir ular, kim
Ignalar bagʻringga sanchalar?
Binafsha,
Bir soʻyla,
U qanday qoʻllar, kim
Uzalar, hidlaylar, yancharlar?
Binafsha, shunchalar chiroyli yuzing bor,
Nimaga uzoqroq kulmaysen?
Binafsha, shunchalar tortguvchi tusing bor,
Koʻnglimga erkinlik toʻkmaysen?
Binafsha, yigʻlama, binafsha, kel beri,
Qaygʻingni qaygʻumgʻa qoʻshgʻil,
Binafsha, seningchun koʻkragim: erk yeri,
Bu yerdan koʻklarga uchgʻil!
Binafsha, goʻzalim, qaygʻilim kelmaysen,
Qaygʻing zoʻr, qaygʻimni bilmaysen,
Menga bir kulmaysen!..
1922


Koʻklam Qaygʻusi

Ey qorongʻi, uzun qishning xayoli
Koʻklam chogʻi koʻzlarimda oʻynama!
Ayriliqning chidab boʻlmas maloli
Koʻkat, maysa yuzlarida qaynama!
Biroz… biroz koʻngil beray koʻklamda
Shaftolining goʻzal, qizil yuziga.
Biroz… biroz aldanayin koʻnglimda
Bosh chiqargʻan yigitlikning soʻziga.
Qarshimdagʻi kulib turgʻan yumshoq qiz,
Koʻmkoʻk maysa oʻrtasida bir guldir.
Koʻp yigʻladim… yoshlarimni qator chiz
Va qarshimda goʻzal qizni bir kuldir!
Koʻklam chogʻi … sayroq bulbul sayramas,
Ne uchun, kim tamburimning tili yoʻq.
U goʻzal qiz chin qarash-la qaramas,
Ne uchun, kim umidimning yoʻli yoʻq.
Tillarimda har koʻklamning qoʻshigʻi,
Yuragimda har goʻzalning sevgisi,
Koʻzlarimda har qaygʻidan bir yigʻI,
Yuzlarimda aldanishning belgisi…
Yolgʻiz menmi koʻklam chogʻi yigʻlagʻan?
Yolgʻiz menmi har umidda aldangʻan?
Yolgʻiz menmi koʻkragini tigʻlagʻan?
Yolgʻiz menmi sevinch bilan boʻlmagʻan?
Ey koʻklamning koʻz tortgʻuchi kelini,
Nima uchun yigʻlatasen bir meni?..
1922


Tun

Erkin she’r

I

Tun yomon, tun qorongʻi,
Tun qoʻrqinch, tun azob!
Tunda eski va yangi
Har narsa xayol va sarob!
Tunning uzunligi,
Chuqurligi koʻp yomon.
Tunning buzuqligi,
Yolgʻizligi beomon!
Tunda har narsaning tovushi
Yiroqdan guvillab kelar,
Tunda koʻp chogʻlar yuzimga
Jinlarning qoʻllari urilar.
Oh, tunning qalin pardasi
Qanday gunohlarni yashirmas,
Oh, tunning tovushsiz na’rasi
Hech jonni qoʻrqitmay qolmas.
Tunning yashirin quchoqlarida
Oʻlimlar, qonlar toʻlgʻandir!
Uning aldamchi bogʻlarida
Qancha yosh gullar soʻlgandir!

II

Tinchlanib oʻlturib yulduzdan
Ertaklar eshitmak boʻlsam,
Yo oʻzim istab topqan qizdan
Bir qarash, bir koʻrish soʻrasam,

III

Har yerdan qancha tovushlar
Devlardek na’ra solurlar.
Tegramda nayza-qilichlar
Jonimga hamla qilurlar.
Salqin suv koni buloqlar
Kunduzlar chanqagʻanimda
Shir-shirlab koʻnglimni yoʻqlar.
Men darrov olmagʻanimda,
Battarroq qaynab oqardi.
Bir xoʻplab shunda men ichsam,
Kayfimga qancha yoqardi?
Istardim, qoʻyniga qochsam!
Oh, tunda ogʻu boʻlar har
Manbadan tomchi suv ichsam,
Oh, tunda nozli buloqlar
Koʻnglimga tarqatalar gʻam.
Bu tunda sevgili yorim,
Qoldingmi mendan uzoqda?
Bilmaysen, ogʻriqli bagʻrim
Qon yigʻlar tunda, bu yoqda.
Bu tun kim sirli, qorongʻi,
Yoʻllarda sharpa-da yoʻqdir.
Koʻnglimda toʻp-toʻla qaygʻi,
Oh, yoʻllar qancha uzoqdir.
Kel, endi tashlama, qoʻyma
Bu tunning qoʻynida yolgʻiz.
Hijronni boshima yoyma,
Ey, tundek sochi qora qiz!.
1922


Ket!

Ket, koʻzimni aldagʻuvchi xoin nur,
Ket, olovli chizigʻimdan nari yur.
Ket, zaharli qizgʻaldoqni irgʻitma.
Koʻnglimdagi soʻng umidni yoʻq etma.
Ket, ilohiy vijdonimni bulgʻama.
Butlar bilan tegaramni chulgʻama.
Ket ey, toʻqqiz pari koʻzli* qora qush,
Yiqiq boʻlgʻan koʻkragimdan chetda uch!
Ket, sevgimning ulugʻ yovi, koʻrinma,
La’nat sochib, yonlarimda yurinma.
Eski doʻstlar yoʻl adashib oʻldilar.
Yangi doʻstlar buning uchun kuldilar.
Yangi yoʻlga oyoq bosmay toʻxtasam,
Bu yoʻllarda qutulishlik yoʻq desam,
Sen ul choqda qaysi yoʻlgʻa solarding,
Falokatdan qanday tortib olarding?
Sening qoʻpol…, qiynaguvchi qiligʻing,
Ket, mangulik yoʻqqa koʻchsin borligʻing.
Ket, malaklar dostonini oʻqima,
Ket, aslsiz ertaklarni toʻqima.
Ket, sevgili koʻkragimga tinchlik ber,
Ket, sening-chun quchoq ochgan qora yer..
Ket, jonimni qiynaguvchi jodu-hur,
Ket, koʻnglimni aldaguvchi yolgʻon nur!
1922

Aldanish

Besh yillik yonishim bir yil uchunmi?
Erkalab oʻtkuvchi bir yel uchunmi?
Koʻzimga koʻringan sarobmi edi?
Men shunga aldanib togʻlarmi oshdim?
Sevgimning boqchasi xarobmi edi?
Shu boqcha ichida yoʻlmi adashdim?
Koʻzimni oʻragʻan kiprikmi edi
Yoki koʻk tusida pardami edi?
Koʻngil shu choqqacha tirikmi edi?
Jonim koʻklardami, tandami edi?
Qoʻlimni tegizdim…. Odam edi-ku!
Koʻzimda oʻynagʻan bir nur edi-ku!
Sezgim-da sogʻ, tetik, bardam edi-ku!
Boʻynimga qoʻl solgʻan bir hur edi-ku!
Nega men sevmadim? Oʻt emasmidi?
Shul oʻt ichidagi men emasmidim?
Ka’bamga osilgan but emasmidi?
Butni “Tangri” degan men emasmidim?
Men uni xayoliy, totli bir sevish,
Ilohiy bir muhabbat, ishq bilan sevdim.
Besh yil! Shuning uchun besh yil anglayish…
Yonish, kuyinishlarim… oh, endi bildim.
Oh, endi bildim, kim barchasi xayol,
Barchasi bir totli, rohat tush ekan.
Ket, yoʻqol koʻzimdan, haqiqat, yoʻqol,
Bagʻrimga botmoqda ogʻuli tikan.
Chindan-da men u kun yolgʻizmi qoldim,
Chindan-da u oʻtli sevgi bitdimi?
Chindan-da turmushdan ogʻizmi oldim?
Chindan-da umidim butkul ketdimi?
Chindan-da koʻnglimda sevgi oʻtlari
Choʻgʻsiz oʻchib qolgan shamdek oʻchdimi?
Chindan-da ka’bamning sanam, butlari
Kul-parcha boʻldimi, butkul koʻchdimi?
Chindan-da men bukun sevmasmi boʻldim?
Chindan-da muhabbat oʻtimi soʻndi?
Chindan-da men bukun tikanmi yuldim?
Koʻnglim bu aldanishga, oh, qanday koʻndi?
Sevgimning yashashi bir yilmi edi?
“Gʻuv” etib oʻtguvchi bir yelmi edi?
1922


Ishq

(Usmonlicha)
Ilk evvel goʻzimi ishq ila ochdim,
Ishqing meydanina qanimi sachdim.
Ishqsiz oʻlkalerden u endi qochdim,
Ne zamon bogʻladim zunnore ishqi.
Ishq deya ayrildim dindan, imandan,
Anglamam hech bir joy insof, vijdondan.
Ishka sajda etdim, boʻldim u ondan,
Ne zamon qatl etdim kuffor-i ishqi.
Jannat benim uchun quruq sahrodir,
Ishqning sahrosi, kim banga ma’vodir.
Aksini sen banga ne qadar qondir.
Qonmam, chunki bildim gulzor-i ishqi.
Ishqing meydoninda bir pexlivanim,
Bir maxshar qoʻparur har damda qonim,
Na buyuk benim, baq, ishqqa imonim,
Yera diz choʻtirdim jabbar-i ishq.
Ben ishqing mulkiga yagona hoqon,
Banga boʻyin egar bil jumla-i sulton.
Inanir oʻrduma shuyla bir boqqan,
Koʻr nija saf bista ashkor ishqi.
Soʻylarkan dillarim na yomon,
Yozarkan qalamim na hazin agʻlar,
Soddadil bunlardan na ma’ni anglar,
Bilmas kuch oʻldugʻi ishor-i ishqi.
1922


Bitdi!

Ber qoʻlingni, shu titragan qoʻlim bilan soʻng daf’a
Bir qisayin, soʻngra ortiq u qoʻllarga tegmak yoʻq.
Koʻzlaringni soʻnggi marta tushur xira koʻzimga,
Koʻkragimga kirpiklaring soʻng martaba otsin oʻq.
Koʻkimizda hanuz uchmay qarab turgan yulduzning
Koʻr yuzini, ayriliqning koʻzi bilan sargʻaygan…
Sen ketasen, yulduz uchar, yolgʻizlikda tashlangan
Oʻsugingga hayot bermas yogʻdulari kunduzning.
Ber qoʻlingni soʻng martaba, yolgʻiz qolgan oʻksukka,
Ot oʻqingni soʻng martaba, alam kutgan koʻksimga!..
1922


Oppoq Oy

Quchogʻingda qaltiraymen, titraymen
Ortiq sendan bezdi koʻnglim oppoq oy.
Yoʻlni ochsang, endi bundan ketamen,
Koʻklam yaqin kelgan deylar – bir qaray!
Koʻkdan tushkan yengil, oppoq parlardan
Qudrat qoʻli senga koʻylak toʻqiydir.
Uchib kelib uzoq-yaqin yerlardan
Bir toʻp qargʻa madhiyangni oʻqiydir.
“Koʻklam yaqin!” degan soʻzni eshitib,
Koʻzlaringga zamharirdek yosh keldi.
U yoshlaring jam boʻlishib, uyushib,
Osildilar… boʻyning yerga egildi.
Hovuz yuzi ikki qarich muz boʻlgan,
Yosh bolalar tiygʻanishib oʻynaylar.
Ushub, toʻngʻib masjiddagi chol oʻlgan,
Yetim qolgan bolalari yigʻlaylar.
Jar qishloqning yoʻlida ham shaxarga
Qaymoq va sut keltiruvchi bir bola
Toʻngʻib oʻlgan, har kun erta saharda
Shunday qilib bir necha jon yoʻqola.
Quchogʻingda juda sovuq, oppoq oy,
Koʻklam kelsin, bir sevinay, bir oʻynay.
1922


Yurt Yoʻli

Uzoq… ogʻir yoʻlgʻa chiqqan yoʻlchimen,
Bu yoʻllarda qilagʻuzim yulduzdir.
Men yurtimning pok istakli kuchimen,
U yulduzning tugalishi kunduzdir.
Tomirlarim, olov kabi qaynagʻan
Qonlarini kechmishlardan olmishdir.
Bilagimda irgʻib, chopib oʻynagʻan
Unutma, kim oyoqlaring tolmishdir.
Uzoq yoʻlning yoʻlchisimen, boramen,
Istagimni bu yoʻllardan olamen.
Buxoro, 1922


Kaptar

(Semiramis)
Semiramis – Kaldaniy va Osurilar xurofotida “ma’buda” sanalib yurgan bir qiz. Bosh tomoni qiz, tanasi baliq boʻlgʻan emish. Onasi uni tuqqanidan keyin, bir qamishzorgʻa tashlagʻan. Unda, uni kaptarlar oʻstirib, parvarish qilgʻanlar.
Shu uchun ismi “Kaptar” ma’nosida “Semiramis” qoʻyilgʻan.
Qal’alar fath etkan, koʻp urushlar koʻrgan. Hindistongʻa qadar borgʻan bir fotih emish.
Misrda bir parixongʻa fol ochtirgʻan. Oʻsha fol toʻgʻri kelib, oxirda suvgʻa tushib, yoʻq boʻlib ketkan emish. Oʻrnigʻa oʻgʻli podshok boʻlgʻan. Oʻzi kechalari dengizga choʻkar, kunduzlari hukm surar ekan.
Bir rivoyatda “Semiramis” Turk qizi boʻlib, Eron podshohlaridan mashhur “Kayxusrov”ni oʻldirgan emish.
Ey, dengizning suvlaridan qudrat olgʻan botir qiz,
Kel, mundagi tutqun qizgʻa yolboraylik ikkimiz!
Sen suvlarning koʻpigidan oq chechaklar terganda,
Sen qilichdan ilhom olib, kun chiqishda yurganda,
Sening bilan birga chopqan, birga uchkan onalar,
Nima uchun bu tutqunliq olovida yonalar?
Sen kunduzlar qizgʻin quyosh yogʻdusida yonarkan,
Tong otkanda tanlaringdan dengiz suvi tomarkan,
Keng dalada qushlar kabi qanot qoqqan onalar,
Nega, yolgʻuz ogʻulargʻa-zaxarlarga qonalar?
Sen erkaklar kiyimida zoʻr qal’alar ochqanda,
Otlaringning changlarini boʻyigʻa sochqanda,
Yoʻllaringda qon dengizi koʻpurganda, toshkanda
Sening kabi istagiga ega boʻlgʻan onalar,
Nega bukun turmushdagʻi har tilakdan tonalar?
Sen Misrda goʻzal Nilning uyqusini buzmasdan,
Nimagadir hovliqmasdan, qutulmasdan, qiz(i)masdan,
Yoʻlingdagi jonsiz yotqan choʻplarni-da ezmasdan
Qari kohin ma’budaga yurganingda sezmasdan
Kechalarning sirlarini… Toʻlib yotkan onalar,
Nima uchun tonga qadar qon – yosh toʻkib qolalar?
“Men dunyoda xotin boʻlib yaratilgʻan edim-da,
Eng qaxramon erkaklardek mu’jizalar koʻrsatdim!”
Deb yozdirgʻon soʻzlaringni (boʻzqirlar)da koʻrdim-da,
Tutqun boʻlgʻan onalarni qutqarmoqqa ahd etdim.
Bu ahdimga yetmak uchun sendan kutamen.
Kel, bu yoʻlda koʻmaklashsang, har toʻsiqni oʻtamen!
Ey, dengizning tublariga qochib kirgan Kaptar qiz,
Kel, mundagi onalarni uygʻotaylik ikkimiz!
Toshkent, 1922


Irfon Keladir

(Oʻzbek bilim yurtini birinchi martaba bitirib chiqqan 5 yigitga)
Shu yigitlar ki qoʻlga nurli nurli aso
Ushlashib, yoʻlchiliqni koʻzlaylar.
U ulugʻ yoʻl, ki bir ulugʻ sahro.
Chin saodatni shundan izlaylar.
U quruq, kimsasiz, vahim yoʻldan
Charchamay, suvsamay oʻtib ketmak!
Tugamay oʻtli intilish dildan,
Bor toʻsiqlarni yoʻq etib ketmak!
Shu yomon, zim-ziyo uzun kechlar
Bizni yutmak, bitirmak istaylar.
Eskilar qutqarishka kelmaylar,
Balki qonlarni tomchilab ichalar…
Toza qonlargʻa ishtaha saqlab,
Kutadir yoʻlda: Och haris dushman..
U ulugʻ yoʻlni nur bilan tozalab,
Yetasen istaginga, ey, irfon!
Chunki sen yangi, toza bir kuchsen,
Bilaging bir temir, poʻlat kabidir.
Chunki sen yogʻdu-nurgʻa koʻp oʻchsen,
Tilaging bir olov, bir oʻt kabidir.
Sen uchun yoʻq: Oʻlim, mozor, yoʻqolish,
Sen uchun bor: Hayot – yashash, urunish;
Ezgu-istakka toʻgʻrilab yoʻl olish
Va u yoʻllarda charchamay yugurish!
Shu tilaklarga zoʻr, ulugʻ hurmat!
Shu yuraklarga soʻnggi yoʻq himmat!..
Toshkent, 1923


Oʻzbek Qizi

Kirgʻon edim bir kun bogʻchagʻa,
Yaproq yangligʻ titrab-qaltirab.
Qarar edi koʻzim toʻrt yogʻimgʻa
Qoʻrqa-pisa, oʻtday yaltirab.
Alla qaydan, deyman, yonglishgʻina
Yirtqich erim kelib chiqmasun.
Yoxud sezib qolib qayinona,
Ustlarimga togʻlar yiqmasun.
Yoʻq... ul kuni tangrim saqladi-da,
Ular meni sezmay qoldilar.
Menga qarab chechak-gullar unda
Sevinib koʻzni soldilar.
Mana bu gul bu kun tongdagina
Chiqgʻon choyshab-parda ostidan.
Parda yirtib, men ham chiqgʻonimda
Toʻsib chiqar erim qarshimdan.
Mening baxtim qullar baxti yangligʻ
Yorugʻ oʻlkalarda yashaydir.
Baxti yiroq, koʻngli toʻla qonligʻ—
Erkin Sharqning tutqun qizidir.
1923


Kechkirish

Baland-pastlik, katta-kichik binolar;
Qizil, koʻm – koʻk, yashil tomlar ustida.
Ola-bula, quyuq-suyuq bulutlar…
Koʻkni qoplab, bir tomonda toʻplangʻan!
Kun botadur… tarqoq, yoyiq lolalar,
Unda-bunda bulutlarning yuzida
Sil yuzidek rangi ketib soʻliblar…
Qorongʻilik Sharq tomondan qoʻzgʻalgʻan!
Shom azoni… muazzinning yosunsiz,
Kuchsiz tovshi titrabgina choʻzilgʻan…
Yomgʻir picha yogʻib oʻtkan, buzilgʻan –
Qingʻir koʻcha chetidagi uzun iz…
Qismat izlab xar tomongʻa tarqalgʻan
Katta-kichik, yoshu qari boʻshashib,
Horib, charchab sekingina qaytadir,
Mahallaning bir yeriga toʻplangʻan
Bir toʻp bola… turlik oʻyin oʻynashib,
Ketganlarni kutadir…
Belgisizlik qanotini keng yoyib,
Koiniotni quchogʻigʻa tortadir.
Chirogʻlar ham jin koʻzidek yiltillab,
Xira qarab mungʻayib
Koʻrinadilar.
Kilkillab –
Yomgʻir suvi yer bagʻrida yotadir.
Toshkent, 1923


Menim Yoʻllarimda

Menim yoʻllarimda choʻzilgan togʻlar,
Qorga qoʻyin ochgan qator dovonlar...
Koʻzlarim yoʻllarga tikilgan chogʻlar
Koʻnglimda yoʻl yurish Istagi qaynar!
Qorga qoʻyin ochgan qator dovonlar,
Sizga qarab turib kuchni chogʻladim.
Koʻnglimda yoʻl yurish istagi qaynar,
«Yurib oʻtaman!» deb belni bogʻladim!
Sizga qarab turib kuchni chogʻladim,
Menim yoʻllarimda choʻzilgan togʻlar!
«Yurib oʻtaman!» deb belni bogʻladim,
Koʻzlarim yoʻllarga tikilgan chogʻlar...
1923


Bas Endi!

Yetar, bas, chekdan oshgandir
Bu qargʻish, bu haqoratlar!
Toʻliqdir, balki toshgandir
Tubanlik ham safolatlar!
Qoʻlimda soʻnggi tosh qoldi,
Koʻngilda soʻnggi intilmak,
Koʻzimda soʻnggi yosh qoldi,
Kuchimda soʻnggi talpinmoq!
Bu qargʻish, bu haqoratlar
Kuchimni tortmoq istaydir.
Tubanlnk ham safolatlar
Oʻzimni yutmoq istaydir!
Koʻngilda soʻnggi intilmak,
Shu holda ketmak istarman.
Kuchimda soʻnggi talpinmoq,
Amalga yetmak istarman!
Qoʻlimda soʻnggi tosh qoldi,
Yovimga otmoq istarman!
Koʻzimda soʻnggi yosh qoldi,
Amalga yetmak istarman!..
Toshkent, 1923


Chechak

(Bir kechaning esdaligi)
Yangigina yaproq yorib chiqqan chechak,
Besh-olti kun har kim uchun tansiq boʻlar.
“Bitdi isi” deb tashlasa biror tentak,
Har kim tepsa, har kim ezsa, u haqlidir!
Besh-olti kun koʻkraklarda ulugʻlanib,
“Men goʻzalmen, chiroylikmen!” degan gulni,
Yerga tushkach, olib koʻring… Soʻlgʻinlanib,
Oʻlim tusli rangi bilan istar choʻlni!
Va aytar ki: “Agar choʻlda, biyobonda,
Bir yovvoyi, hidsiz chechak boʻlsa edim,
Uzib olib, yerga urmas har inson-da,
Keng sahroda oʻzim yashnab, sargʻayardim!
Har xoin qoʻl meni yerga urmas edi,
Har bir oyoq koʻkragimda yurmas edi!..”
Toshkent, 1923


Yana Zarafshon

Fil minib, oʻt yoqib oʻtib ketdim
Yana ustingdan, ey choʻziq daryo!
Yana qirgʻoqlaringga his septim.
Munga sen berma boshqa xil ma’no.
Hisni qirgʻoqlaringgʻa sepmaklik
Menda bir eski, tentak odatdir,
Yosh toʻkib tuprogʻini oʻpmaklik
Keng hayotimda bir saodatdir.
Toʻrt yogʻing koʻm-koʻk oʻt va maysa ekan,
Quchogʻim shul qadar ochildi, ki men
Tanlarimga botib ketib-da tikan,
Sezmadim, “gul“ dedim… Yoʻqolding sen
Koʻzlarim oldidan… Qarab qoldim
Yana yoʻllargʻa och nazar soldim.
Boy tabiat butun goʻzalligini,
Bilamen, koʻkragingdan olgʻandir.
Boy dala, maqtanuvchi “menligi”ni
Yashnatib, koʻksingʻa qadalgʻandir.
Shu goʻzal chehralarga suv emzib,
Burilib, aylanib, oqib yotasan;
Shu qadar jonlilargʻa yem yegizib,
Qora dashtlar tomon chochib yotasen.
Shu goʻzal chehralar kulib yotsun;
Qora dashtlar tomon chochib oqaber!
Tovushing yoʻqsul elni uygʻotsun;
Kuchli, loy suvlaring bilan birga.
U oʻlim uyqusi oqi busun!
Yana bir qatla hurmatim senga!
Samarqand (Temiryoʻl bekati), 1923


Ne Ariyor?

(Usmonlicha)
Goʻnglum boshluqlardan bir shey ariyor,
Te’min yederim ki, gunash olamaz.
Nedir aradigʻi, kimse bilmiyor,
Gunesh, kendisine bir esh olamaz!…
Toshkent, 1923


Sevinchingni Qurala!

Uyolmasdan, tortinmasdan har kishining yonigʻa
Oʻynab kelgan, kulib kelgan, ey gunohsiz yosh bola!
Senga hali juda uzoq kirmak odam sonigʻa,
Shuning uchun sira tinmay sevinchingni qurala!
Yangigina yaproq yozgan erka, toza bir gulsan,
Shuning uchun har bir nazar, har qarashing tozadur.
Har boqchada, har daraxtda sharaqlagon bulbulsan,
Har soʻzingni bir farishta qanotiga yozadur.
Bu borliqning qaygʻusini anglamagʻon yosh goʻdak,
Poylaringga oʻralashar qaygʻu emas, gul-chechak.
1923


Suhbat

Soʻrash:

Nega yer qoʻyniga tushib qolding
Yuksak oʻrningdan, ey goʻzal yaproq?
Nega och bagʻrini quchib qolding?
Seni tez soʻldirib, koʻmar tuproq.

Qaytarish:

Sogʻinib yerni, bagʻriga tushdim,
Yuksak oʻrnimdan, ey ziyrak tutqun!
Kuchli sevgim bilan uchib-quchdim
Soʻldirib bugun, undirar bir kun!
Qoʻqon, 1924


Bahor Keldi

Yoʻqsillarii ingratguchi qish ketib,
Bahor keldi, gulbarralar ochildi.
Vahimali qish binosi yiqilib,
Goʻzal bahor eshiklari ochildi.
Bu sevgili qoʻnoq uchun quvonib,
Koʻngil ochmoq istab qirga chiqarmiz.
Oʻynab-kulib, gulbarralar terishib,
Yugurishib, adrlarga chiqarmiz.
Bahor bilan birga kelgan bulbullar
Boqchalarda nola qilib sayrashar.
Qizil gulning qarshisiga qoʻnishib,
«Gʻuncha tugib, ochilgin», deb soʻrashar.
Bulbullarning musiqadek ovozi
Ruhimizga shirin oziq beradir.
Jilva bilan tursa bahor shamoli
Dimoqlarga shodlik isi keladir.
Qulluq senga, goʻzal bahor, xush kelding,
Endi togʻda qnzil gullar ochilsin.
Olma, oʻrik, shaftolilar gullashib,
Maydonlarda koʻk maysalar koʻkarsin.
1923


Uch-Toʻrtta Yulduz

Goʻriston, qorongʻi zim-ziyo boʻshliqda
Adashkan bir yoʻlchi tasavvur qilingiz!
Qoʻrqarsiz! Qoʻrqarsiz!..
Va lekin ufqda
Uch-toʻrtta yulduzning uchmasdan yarqirab,
Nur sochib turgʻani koʻrulsa… dilingiz
Qoʻrqishdan bir qadar toʻxtar-da, parqirab
Koʻzingiz oldida bir umid koʻrinur.
Shu umid: Qutilish tongining nuridir!
Buxoro, 1923


Balandliqda

Oqshom chogʻi munda kel-da, sayr et,
Qobusi gʻadam bilan fanoni.
Intilma samoga, toʻxta, sabr et,
Bu yerda tanib ol oqu qaroni!..
Buxoro, 1923


Yana Oʻt

Yana tegramda oʻt, olov, uchqun,
Yana koʻklarda sor va burgutlar,
Yana qoʻzgʻalmoq oldida tutqun,
Yana sarhadda “Ur”, “yiqit”, “tut!” lar.
U ogʻir zanjiringni shaldiratib,
Qari Sharq, sen-da qoʻzgʻalursenmu?
Uyushiq qoʻllaringni qaltiratib,
“Madaniyat”ga shop solursenmi?
Yoki oʻtkandaki erinchaklik
Yana yillarcha tebraturmu seni?
Yoki bir hovliqar-da erkaklik,
Qonli maydonga tezlaturmi seni?
Qoʻzgʻalib ketganingni bir koʻrsam,
“Qutulurman!” degan ishonch boʻlsa,
Kishaning parcha-parcha toʻgʻralsa,
Qutulish izlaringga yuz sursam!
Ruhi yoʻq bir “mashina” oldinda
Nega yerlar qadar tubanlanding?
Nega jonsiz temirga bogʻlanding?
Xoʻrlanish shunchalarmi insonda?
Yana har yona oʻt va uchqunlar,
Yana qoʻzgʻaldi qonli toʻlqinlar!
Toshkent, 1923


Oy Qoʻynida

«
Shaftoli kelinchak
Uning qoʻynida men tentak…
“Men bogʻingga kirmasdan,
Odoq boʻpti yemasdan;
Muncha toʻlib yigʻlaysen
Men qoʻyningga kirmasdan… “

(Xalq Qoʻshigʻi).
»
Bir tomchi toʻkilgan yosh uchun shuncha soʻlishmi?
Bu boqchada gul koʻp edi soʻldi amalimdek!
Koʻnglingda biror sharpani sezsam edi, guldek,
Oʻganda-da sen menda koʻrarding sevishini!
Shaftolida oy nurini koʻrgach, yana ruhim
Oylar kabi yosh davriga suqlar kabi boqdi.
Yoshlik oʻzi – sevging kabi tortilmadi bir zum.
Bir zum oʻzi, bir gul oʻzi… Doʻzax kabi yoqdi.
Koʻp titrama, koʻp oʻynma, koʻp qaynama, ey barq!
Hirs koʻzlari sof koʻksingga ogʻuli tikandek
Bir botsa-da, yigʻlatsa-da, dodlatsa-da mendek
Har koʻzga baqirsang, ki “Topilmas toza istak!”
Mendan soʻra, yolgʻiz mana men aldanib oʻtdim,
Har sahfasi, har yaprogʻi “aldash” bu kitobning!
Bir oʻqqa ilinmasmi, tilinmasmidi joning?
Oy qoʻynida tong otguncha senga shuni aytdim…
Bir tomchi toʻkilgan yosh uchun shuncha soʻlibsan,
Aldamchi fano koʻzlarga tentakcha kulibsan!
Toshkent, 1923


Qiz Qoʻshigʻi

Oʻksuk koʻngil qushi
Tushdi qafasga,
Sira yetolmaydir
Erkin nafasga,
Qora kunlar tushdi menim boshimgʻa.
Siqiq qafaslarda
Yayray olmaymen.
Jannat bogʻlar bor-ku,
Sayray olmaymen.
Yomon kunlar tushdi menim boshimgʻa.
Qip-qizil qon boʻlib
Kunlar botadir…
Yomon hidga toʻlib
Tonglar otadir.
Ogʻir kunlar tushdi menim boshimgʻa.
Jannat kabi bogʻlar
Bulbulsiz qolgʻan…
Osmon boʻyi togʻlar
Qulunsiz qolgan…
Qiyin kunlar tushdi menim boshimgʻa.
Koʻz yoshimda yuvsam
Yurtning bagʻrini,
Tilim bilan soʻrsam
Oqqan qonini…
Qonli kunlar tushdi menim boshimgʻa.
Hasratim koʻp, elga
Ayta olmaymen.
Armonim koʻp, dilga
Joylay olmaymen.
Oʻtli kunlar tushdi menim boshimgʻa.
Qafaslarni buzib
Uchsam osmongʻa!
Kishanlarni uzib
Yetsam jonongʻa!
Yorsiz kunlar tushdi menim boshimgʻa!
Andijon, 1923


“Ichki Hislar” Ostida

(Tansa kechasida qogʻozdan gul sotib yurgan bir qizgʻa)
Hay tutash, koʻp chopdingiz… Bizlar tutashdik siz uchun!
Bir kulish, bir ilmayish ortiqmi dersiz biz uchun?
Toʻldi koʻkrakka butun gullar, chechaklar, lolalar;
Siz qadab qoʻymasangiz, bir pulga turmaydir ular…
Jingalak sochlar bilan koʻz oʻynatib, gul sanchdingiz,
Ax, faqat, dilda muhabbatdan jarohat ochdingiz!
Gul-chechak ham lolalar bagʻrimda soʻlgʻay tezgina,
Koʻp zamon yashnab yurarsiz koʻp koʻngilda sizgina…
Biz faqir… koʻp aqcha yoʻq… Topkanni soldik xaltaga,
Har oʻtish, har koʻrish chogʻida achchigʻ bu nega?
Tubda biz munday oʻyinlardan taqir tot olmadiq,
Boshqalarday chochishib, masrur boʻlib oʻynolmadik…
Bu kecha koʻrduk faqat sizni.. Yurak bir oʻynadi!
Yozmas erdim, afu etarsiz… Ichki hislar qoʻymadi…
Toshkent, 1923


Men Ham Sevaman!

Oydin kechalarda koʻkka koʻz tikib,
Yorugʻ yulduzlardan sevgi kutdim men.
Har yulduz tigʻiga ruh bilan tegib,
Uzun tunlar boʻyi kutib oʻtdim men.
Yurgʻanda, turganda har goʻzal narsa,
Menim koʻzlarimga sevgi koʻrindi.
Sevgiga yot boʻlgan haqiqiy shu’la,
Oʻtlar, olovlar-chi,
pirpirab soʻndi!
Yigitlik koʻkarib yashargʻan damda,
Har yumshoq tovushqa tutqun boʻldim men…
Har goʻzal chehraga koʻngil berganda,
Borliqni u uchun qurbon qildim men…

2

Endi u kunlarim oʻtib ketdilar….
Endi turmushimda oydin kechlar yoʻq.
Vafosiz sevgilar uchib bitdilar…
Angladim sevgida har koʻngil buzuq!
Koʻnglim quruq emas, yana sevgi bor.
Faqat bu sevgida aldanish yoʻqdir.
Horgan koʻzlarimda xayol yana bor,
Faqat u xayollar nurdan tiniqdir.
Endi har nafasda yana kuyamen,
Faqat majnun boʻlib elni sevamen,
Ungʻa hurmat bilan boʻyin egamen,
Boshimni u uchun dorga qoʻyamen !..
Toshkent, 1923


Oʻzimnikiga

Koʻp koʻrkam chechaklar oʻrab olganda,
Behuda hislarim hiyla qiynadi.
Butun koʻrkamlikni sen menga saqla,
Sendan boshqa gullar «oʻz emas» endi.
Toshkent, 1923


Gʻaflat

«
“Biz olam kitobini yanglish oqiymiz-da
“U bizni aldaydir.” Deymiz”.

R. Tagor.
»
Tonglarning sirlari toʻrni keng yoyganda,
Biz-gʻofil uyquning qa’rida qolamiz.
Toʻlgʻan oy koʻklarda suzilib borgʻanda,
Biz-qoʻpol, tonglikning qahrida qolamiz.
Yolgʻonlar, aldashlar boshlangʻan damlarda
Uyqumiz ochilib, borliqqa chiqamiz.
Bir zamon qilichlar hech turmas qinlarda…
Shul zamon biz hatto koʻklarda uchamiz!
Derlar, ki “Oylarning nurida vafo yoʻq!”
Demaslar ular, ki “Ayb bizda, biz buzuq!”
Andijon, 1923


Somon Parcha

(“Kundalik daftarim”dan)
«
“…Daxr bir seylobdir mulxak fano daryosina
Biz ki sergiraniz ul seylaha dushmush xoru xas.
Chizginur xar u xas ul seylaba olduqcha revan
Yetmeden daryaya rohat mumkin olmaz bir nafas…”

(“Fuzuliy”)
»
Topshirdim oʻzimni muhitning erkiga…
Muhit girdobida bir somon parcha,
Bir poxol choʻpidek oqib boramen.
Har amal, har ishni “haq” deb boraman,
Vazminim qolmadi bir uzuq qilcha…
Muhit kuchli ekan, egdim boʻynimni,
Chaqmoqdek yaltirab uchish yoʻq endi.
Yolgʻon xayollarga koʻchish yoʻq endi,
Oqishning yoʻliga soldim kunimni.
Na isyon, na toʻlqin, na toʻfon, na oʻt!
Koʻzimda ogʻir bir taslim nuri bor.
Ay oʻtli kechmishim, yuzingni berkit,
Senda shaytonlarning haqsiz zoʻri bor.
Men endi xuddi bir somon parchasi…
Lekin zoʻr dengizning cheksiz qoʻynida,
Jimgina boradir kirsiz qoʻynimda,
Erkin koʻpiklarning alla qanchasi!
Kirmaymen koʻchaning boshi berkiga,
Chunki taslim boʻldim muhit erkiga…
Andijon, 1923


Xazon

Kuz chogʻi... tuproqlar gezarib qoldilar,
Gezarib qoldilar kuz chogʻi tuproqlar.
Soʻng damda yaproqlar qizorib yondilar,
Qizorib yondilar soʻng damda yaproqlar.
Qargʻalar bogʻlarda qagʻlashib qoldilar,
Bilmadim, kimlarning qismati uzulur?
Yongʻoqqa yopishib, bir changal soldilar,
Bilmadim, kimlarning umidi yoʻq boʻlur?
Ey, sovuq ellardan muz kiyib kelgʻonlar,
U qoʻpol tushingiz qorlarda yoʻq boʻlsin!
Ey, menim bogʻimdan mevamni tergʻonlar,
U qora boshingiz yerlarga koʻmulsin!
Bilmadim, kimlarning umidi yoʻq boʻlur,
Soʻng damda yaproqlar qizorib yondilar?
Bilmadim, kimlarning qismati uzulur,
Kuz chogʻi... tuproqlar gezarib qoldilar?

Damlar...

Dam boʻlurki, qalbim tongning shamoli
Qarshisida qaltiragan yaproqdek
Asta-sekin titrab ketar... men ham tek,
Jim qolaman unga quloq solgali,
Butun esim, sezgim bilan tolgali...
* * *
Ba’zan xayol etagini tutqizmas,
Yot yerlarda oʻz boshicha yoʻq boʻlur.
Shunda es ham qalb tiliga tushunmas,
Boshi qotar, qoʻpollanur, toʻnglanur.
Shunda birdan gʻaybdan tovush: «Ey shoir
Quruq qolding saodatli damdan!» der,
«damdan!» der...
Andijon, 1923


Sezgi

Boqchalarda soʻldi gullar, soʻldi gullar sezmadim,
Qip-qizarib, botdi kunlar – botdi kunlar sezmadim.
Qayda qoldi qonli kunlar – qonli kunlar sezmadim.
Sochlaring bogʻlab olib, bogʻlab olibdir sezgini!
Bir yiroq yoʻl, kim uning yoʻqdir keti – yoʻqdir keti;
Chang va tuproq boʻldi, ketdi, unda koʻplarning beti,
Ming jahannamdir – jahannamdir uning ikki cheti,
Bir kuni oʻlgay adashib qon muxitining kelgini…
Koʻzlarimni men tikib qoldim – tikib qoldim unga,
Lola gullarni ekib qoldim – ekib qoldim unga,
Toza umidni tutib qoldim, tutib qoldim unga,
Chunki men koʻrdim, koʻrib qoldim keraklik belgini!..
Qoʻqon, 1923


Tashlama

Koʻksingdan gulingni olib tashlama!
Xayoling koʻklarda uchib yurganda,
Oʻynoq istaklarni quchib yurganda…
Koʻzlarim koʻksingga bogʻlanib turdi;
Qarashim oʻzimni u gulga urdi.
Sevganing sen gulga boqmas boʻlsa-da,
Sen jafo rasmini aslo ushlama!
Koʻksingda bir kuni qurib soʻlsa-da,
Goʻzal qiz, u gulni olib tashlama!..
Qoʻqon, 1923


Jar Boʻylarinda

Yana jar boʻylarinda yonboshlab,
Koʻzni atrofga yurgizip qoldim.
Yana “sabarga”larga gap tashlab,
Tilda qillarin tirizib qoldim.
Yana doʻstlar bilan kulib, oʻynab,
Qaygʻuni koʻmmak istadim yerga.
Yana bor-yoʻqni munglanib, kuylab
Yana tovshimni quladim qirgʻa.
Yana jarlarda sakrashib, chochib,
Yana qizlarni quvlashish ketdi.
Yana gullarni yastashib, yanchib,
Koʻkat ustinda oʻnashish ketdi.
Yana yumshoq shamol boshimdan uchub,
Yana sochlarni tarqatib ketdi.
Yana oʻylar, balandga – koʻkka qochib,
Yana umidga yoʻl topib ketdi…
Qoʻrqa-qoʻrqa, sekin kulib gullar,
Yana kun tigʻini quchoqlaylar.
Yoʻq faqat munda toza sunbullar,
“Shu” uchun chin amallar agʻlaylar…
Quyida suv oqar qoʻshuq aytib,
Jimgina tinglamoqda bir toʻp tol…
“Men oʻroz axtaray tubanga ketib,
Sen bu jar boʻylarinda yashnab qol!”
Bu qoʻshuqlar menim-da koʻnglimda,
Eski oʻylarni qoʻzgʻatib qoʻyadir.
Gul yemas, shox-tikon-ku qoʻynimda,
Har bahor bir botib, ezib qoʻyadir.
Yana jar boʻylarinda… Qaygʻu faqat,
Yana yastandi, soʻldi… Maysa, koʻkat…
Toshkent, 1923


Koʻrungan Alanga

(Germaniya voqealari toʻgʻrisida)
Xunuk, buzuq, sovuq yuzlar alanganing bagʻrida-
Qon oʻyngʻan koʻzlarini katta ochib turalar…
Toʻp kishilar alangaga oʻzlarini uralar,
Onalarning koʻz yoshlari bolalarning dogʻida.
Ey madaniy, ey faylasuf, ey alloma “kunbotish”!
Yer yuziga kishan yoyib, qullik sepib, oxurda
Bu nima, bu – alangalar toʻri bilan oʻralish?
Hech mumkinmi qahr etilsun qaxr etguvchi qahirda?
Yer yuzining bir burchida siz bazmlar qurgʻanda,
Olam-olam bechoralar botqoqlarda surundi.
Nima uchun atrofingiz alangaga burundi,
Qon noqusi sizning uchun yengish mashqin urganda?
Har tarafda sizning gʻolib qullaringiz yurganda,
Nima uchun olov chiqdi, alangalar koʻrundi?
Andijon, 1923


Raqamlik Sevgi

(«Naylaram» kuyiga)
Bir va ikki, uch va toʻrt, besh, olti, yetti, sakkiz, oʻn
Sanalarni yoʻllaringda yostab oʻtsang sen butun,
Yangi-yangi sanalar tursa qator ezmak uchun,
Shunda ham boʻlmasmi bir shafqat, tarahhum, qizgʻonish?
Xoli bogʻda kuchli boda, xush saboda bir kecha...
Toʻlgʻon oyning nurlari oʻpsa sochingdan tonggacha,
Soʻngra oppoq bir bulut boshingda yursa shomgacha,
Shunda ham koʻnglingda sezmaysanmi ozroq uygʻonish?
Yuzlaring bir, koʻzlaring oʻn, soʻzlaring ming aldadi,
Borligʻinga aldamoqdan boshqa narsa qolmadi.
Koʻkraginga qizgʻonishning yellari qoʻzgʻolmadi,
Shul sababdandurki, koʻnglimda umrlik oʻrtanish...
Oʻyna, kul, guldek egil, yovlar uchun, yovlar uchun...
Biz yotaylik yoʻllaringda... yosta, tuproq qil butun.
Bir va ikki, uch va toʻrt, besh, olti, yetti, sakkiz, oʻn —
Sanalarning haqqi yolgʻiz yoʻllaringda yostanish...
1923


Qushning Hadigi

1

Qush bechora qoʻrdadir, kim uyasidan ayirgʻaylar,
Uyasidan ayirmoq-la qanotini qayirgʻaylar.
Mayda simdan silliq qilib, mohirona toʻqilgan bir
Qafas topib, darchasini ochip derlar: “Maskanga kir!”

2

Miskin qush ham yangi maskan “chekkasi”ga qoʻnib olar,
Maskaniga koʻz yugurtirar, tegrasiga nazar solar.
Va koʻrar, kim maskan oʻzi mashinada quyilmishdir,
Uni hozir qilmoq uchun, koʻp zehniyat sarf boʻlmishdir.
Darchalari mahkamgina, puxtagina, xotirjamlik,
Suv ichkali, don yegali teshiklar bor kichik-kichik…

3

Simlar bilan ishi yoʻqdir, chiqmoq uchun ochib koʻrar,
Oʻrmonlarning hayolida har tomonga oʻzni urar.
Tomni teshib chiqmoq uchun shiplarga ham koʻp ilinar,
Unday qilib, bir intilar – munday qilib, bir intilar.

4

Faqat ,za’if vujudini qancha ursun devorlargʻa,
Balki uning yumshoq tani toʻlib ketsun ol qonlargʻa,
Devorlarning sezgisi yoʻq, tuygʻusi yoʻq, tovush bermas;
Tegra butun ruhsiz gavda, “Nechun mundoq boʻlding?”demas.

5

Uning butun tasallisi – toʻlib-toshib sayramoqdir,
Koʻm-koʻk dala oʻrmonlarni eslab-eslab yigʻlamakdir,
Yigʻlamakdir!.
Oʻsh, 1924


Oʻsh Kechasi

Qop-qorongʻi kecha... chiroqlardan
Soʻnggi nur ketdi, u yiroqlardan
Oʻkirib, guvlagan tovush keladir,
Kechaning keng sukutini tiladir...
Nima?
Qandoq tovush bu?
Bilmayman,
Qulogʻimni sira ololmayman.
Balki bir toʻp ajinaning qoʻshigʻi,
Yoki alvasti tovushining choʻzigʻi,
Yoki togʻlarda dev botir oʻynar,
Yoki sahroda boʻrilar toʻyi bor...
Kechaning, balki, yigʻlagan dodi,
Balki kunning alamli faryodi!..
Oʻsh, 1924


Koʻklam Keladir

Koʻklam oyim yoʻlgʻa chiqqan, koʻklam oyim qoʻzgʻalgʻan;
Koʻk koʻylakning bitishiga uncha koʻp ham qolmagʻan!
Tiniq xavo… koʻk yuzida oppoq, harir pardadek
Oq bulutlar, unda-munda yoyilgʻanlar parishon.
Shu’lalarning aksi bilan yiltillagan ignadek,
Kun tigʻlari, qarashlargʻa oʻtkur-oʻtkur sanchilgʻan…
Qip yalangʻoch daraxtlar xam quchoq ochip, koʻz tutib,
Koʻk koʻylakning bitishini chidamasdan kutalar.
Qargʻalar ham qishda qilgʻan gunohlarni unutib,
Uzr aytmasdan, indmasdan, uchib-uchib ketalar.
Sezgilarni uygʻotguvchi hidli gullar toʻplanib,
“Biz ham yoʻlgʻa chiqdik!” deya yuborgʻanlar bir chopar.
Gul hididan risq emguchi jonivorlar uygʻonib,
Erta-indin boqchalargʻa, chamanlarga tarqalar.
Koʻklam oyning ipak koʻylak etaklari sudralib,
Qora yerning boshlarini silab-siypab keladir.
U silashdan, u siypashdan quvvat olib, kuch olib,
Qora yer ham koʻksidagi oltinlarni beradir.
Koʻklam bilan yurtimizga ham bir koʻkarish kelsaydi;
Koʻngillar ham havolardek koʻklam hidi bersaydi,
Hidlarga ham havolardek koʻklam ruhi kirsaydi!..
Andijon, 1924


Istash

Koʻnglimga yaqin narsani izlab kecha-kunduz
Har yoqqa qarayman.
Tong vaqtida nur toʻkkuvchi yolgʻizgina yulduz
Aytarki: «U menman!»
Men unga ishonmoqchi boʻlib oʻynataman koʻz,
Ul ham kula boshlar.
Shul choqda devorlar ichidan qaygʻuli bir qiz
Yigʻlab kela boshlar.
Ul munda, yovuqda, shu uchun tez burilib men:
«Hoy yer qizi!» deyman,
Koʻnglimga yaqin yulduz emas, boshqa emas, sen,
«Yer yulduzi» deyman.
Bu soʻzni eshitgach qochadir koʻkdagi yulduz,
Albatta arazlab,
Ham jim boʻladir yerdagi bechora, gʻarib qiz,
Goʻr ogʻzini izlab.
Koʻk yulduzi izsiz edi, yer yulduzi kuchsiz,
Har ikkisi ketdi.
Koʻnglimga yaqin narsani izlab kecha-kunduz
Oy-yillarim oʻtdi...
Andijon, 1924


Yana Koʻklam

Yana men senga qaytdim, ey koʻklam,
Chunki borgʻan sari yuzing ochilib,
Chunki borgʻan sari hiding sochilib,
Sil koʻngillarga baxsh etar malham!
Kechaning sirli qoʻynigʻa bekinib,
Kechaga totli boʻsalarni berib,
Yuzidan pardalarni irgʻitqan,
Dunyogʻa bir kelin kabi chiqqan.
Turli tuslardagi chechaklarni
Koʻrsam, ayniqsa, tong otar choqda,
Soʻngra kun qon sochib botar choqda,
Soʻnggi nur oʻynagʻan teraklarni –
Shunda shabboda-qiz bilan birga,
Quvlashib oʻynagʻanda yaproqlar,
Shu juvon toldagi quruq bir shox,
Qup-quruq gavdasin tutib yelga –
Qaysi koʻklamni! Bilmadim, yoʻqlar!
Kimga hasratini anglatar?!
Evoh!…
Toshkent, 1924


Ikki Oʻt Oʻrtasida

(Ruscha bir asardan)
Bir tarafda sening koʻzing kulmaktadir, ey yulduz!
Bir tarafda jigarimni tilmaktadir, goʻzal qiz,
Sening oʻtkur koʻzlaring!
Yuksakdagi abadiyat quchogʻini ochadir,
Quyidagi yonib, oʻchish hidlarini sochadir.
Toʻgʻri ekan soʻzlaring.
Ey, har zamon odamlarni yuksalishga chaqirgʻan!
Va bu qoʻpol miyalarga sigʻolmagʻan hur vijdon!
Qoʻqon, 1924.


Bahor Va Men

Bahor keldi… lekin uning davrida
Ketib qoldi bahorlarning sultoni.
Umid undi raqibimning bagʻrida,
Ortib ketdi kelgusiga imoni.
Bahor chogʻi… raqiblarim ketarlar,
Lekin menim hasratlarim ketmaylar.
Bu raqiblar meni ma’lul etalar,
Figʻonlarim sultonimgʻa yetmaylar!..
Qoʻqon, 1924


Gulsara

Termak istab bir-ikki dasta chechak,
Gulsara chiqdi qoʻshni boqchasigʻa.
Ilashib bir “tikan-shox” orqasigʻa,
Yirtilib qoldi shunda shohi etak…
Gulni bermakchi boʻldi sevganiga;
Sevinib, hovliqib, shoshib keldi.
“Mana, bir arzimas hadiya” dedi,
Sevinib, gerdayib shu qilgʻanigʻa.
Sevgani koʻrdi: Yirtilibdir etak!
Dedi: “Kimlar bilan quvushding sen?”
Dedi: “Yolgʻiz tikanni koʻrdim men…”
Dedi: “Menmas, sen oʻylagʻan tentak!”
Yerga – tuproqqa tushdi guldasta,
Sindi qiz qalbi shunda birpasta.
Chimkent, 1924


Vahm

Kechasi oydinda, oyning ham xiraroq vaqtida
Na uchun koʻzimga haybatli koʻrinding,
Ey, mening ayvonim oldida tek turgan
Birgina tup archa?
Keyincha yuzingga oy nuri oqdi-da,
Butunlay boshqa xil kasvaga burunding,
Yuzingga tikilib, indamay tek turgan
Koʻzimga nimalar gapirding yashrincha?
Yolgʻizsan, bir tupsan, ondin kech qoʻynida,
Bogʻimda, ey archa.
Lekin men borliqning tamomiy shaklini
Yuzingda koʻrdim-ku shu kecha!
Bir tupsan, yolgʻizsan, yakkasan shu bogʻda,
Yer osti-ustida bor qadar archalar birlashdi
Sen bilan shu choqda, shu choqda!..
Qoʻqon, 1924


Bahorda

(Talabalarga)
Bahor keldi — tabiatning qoʻllari
Daraxtlarga ipak koʻylak kiygizdi,
Yer ham soʻlgan koʻkatlarni tirgizdi,
Yashillandi dalalarning yoʻllari.
Tut tagida qaynab yotgan choydishcha
Chaqiradi ishlab yotgan dehqonni.
Bir chekkaga tashlab qoʻyib ketmonni,
Ul ham sherik dehqoniga der: «Kulcha —
Boʻlmasa ham zogʻorangni olib kel..
Nari-beri choyni ichib tashlaylik,
Innaykeyin joʻyak ola boshlaylik,
Choydishga ham bir siqim choy solib kel».
Bir ozgina choy ichishib, dam olib,
Yana oʻsha ogʻir ishga tusharlar.
Shomga yaqin ishlaridan boʻsharlar,
Va qaytarlar horib, charchab, sudralib.
Uzun qishni kitob bilan oʻtkazgan.
Oʻqigʻuvchi yosh oʻrtoqlar, hormanglar.
Koʻngillardan gʻam va gʻashni ketkazgan
Bahor chogʻi yayrashdan ham qolmanglar.
Qoʻqon, 1924


Katta Yoʻl Boʻyida Uchragan Yaproq Uchun

Yaproq, yaproq... butoqlarda
Qaltiragan varam yaproq.
Yuzlaringni soʻng choqlarda
Butun bosib kstgan tuproq.
Ot oʻtganu chang chiqargan,
Changlar kelib senga qoʻngan.
Qoʻngan changlar qola bergan,
Shular bilan ranging oʻnggan.
Yana har kun yoʻldan oʻtgan
Har oyoqdan chang qoʻzgʻalar,
Keng koʻchadan koʻtarilgan
Har bir zarra senda qolar.
Sening koʻm-koʻk toza yuzing
Koʻzga taqir koʻrinmaydir.
Shaftolimi, olxirotmi,
Koʻksultonmi, kimsan oʻzing?
Tiriklikdan nishon bormi?
Nega sira bilinmaydi?
Seni siypab, erkalatib,
Asta-sekin koʻkartirgan
Goʻzal koʻklam oʻtib ketdi.
Hozir yozning eng yetilgan
Qirchillama vaqti yetdi.
Sen yotasan changga botib...
Erta-indin qovogʻini
Burishtirib kuz ham kelsa,
Toʻplab idish-oyogʻini
Sekin-sekin yoz ham jilsa.
Chang ostida sargʻayasan
Bir pirpirab yerga tushib,
Kechalari toʻngʻib, ushib,
Oxir yerga yem boʻlasan.
Aynib berib havo agar
Hozir yomgʻir yogʻsa edi
Betingdagi sariq changlar
Loyqalanib oqsa edi.
Yozning alvon koʻylagiga
Toʻyib-toʻyib qarar eding,
Bir gulman-ku men ham unga
Deb maqtanib yon-beringga
Bir ozgina yayrar eding...
Sevinchi ber: koʻk yalangga
Qora bulut chodir qurdi.
Yuzingdagi qalin changga
Tomchi-tomchi nam yugurdi.
Oq tomchilar tasbih yangligʻ
Choʻzilishib chizildilar.
Seni ezgan tuproqlar ham
Koʻkdan tushgan toʻqmoq bilan
Xoʻp yanchilib ezildilar.
Chang ostidan chiqmoq bilan
Silkinishib, bir jonliliq
Koʻrsatarlar tegrasidan
Alamzada yaproqlar ham,
Shudir yozning asli rangi.
Toshkent, 1924


Ey, Bulut

Sayohat esdaliklaridan
Dalalar-qirlarda, adirning yonida,
Har turli yovvoyi koʻkatlar qoʻynida
Uxlagan yoʻlchini nimaga uygʻotding,
Na uchun koʻzingdan sadafdek yosh toʻkding?
Bevafo bir tentak qoʻlingdan chiqdimi,
Yo goʻzal maskaning ilonga in boʻldi.
Yo erkin koʻnglingni tiriklik siqdimi,
Yo sevgan goʻdaging boʻriga yem boʻldi?
Harholda men kabi bir sayoq, telbasen,
Yuzingga hech qayda bir eshik ochilmas,
Sen qochgan yoʻl bilan odatda qochilmas,
U yoʻl ham boshqadek mahv etar... bilgaysan!..
Adirning tepasi bir ozroq joy berdi,
Kiprikni-kiprikka qoʻydim-da, yoyildim.
Shu choqda koʻklarda koʻlankang koʻrindi,
Tush bilan koʻrishar-koʻrinmas ayrildim...
Koʻzimda sen kabi uyqu yoʻq, ay bulut!
Istayman oʻlimdak umrli bir sukut!..
Chimkent, 1924


Buloqlar Quchogʻida

«
Chimkentga
»
Ey, koʻnglimda shon aralash uyat bir oz qoldirgan,
buloqlarning quchogʻi!
Kimlar-kimlar, koʻkragingga dovul kabi soldirgan,
ey tuzalish oʻchogʻi!
Men bagʻringga shifo istab kelgan ogʻriq boʻlsam-da,
boshqa narsa izlayman.
U narsani topmagʻuncha charchasam-da, tolsam-da,
koʻkragingda kezarmen...
Men izlagan eski izlar, bilmadimki, qolgaymi,
yoki oʻchib ketganlar?
Sahfalarda oʻrunlashgan kitobalar yolgʻonmi
yo silinib bitganlar?
Tarnx uchun yozdirilgan kitobalar oʻchmaslar
oʻchmaguncha koinot!
Tarix bilan oʻrnatilgan haykallar ham koʻchmaslar
koʻchmaguncha mumkinot!
Tarix uchun oʻrnatilgan haykallarni koʻrsam men
shu shifolik siynangda,
Meni emas, yana boshqa bir haykalni koʻrgaysan
adir yoʻln — zinangda!..
1924


Yozning Tugalishi

Alvido, ey quchoqqa sigʻmas yer,
Alvido, ey koʻkatga koʻkrak qir.
Sen-da soʻlmoqqa yuz tutib qolding,
Men-da ketmoqqa koʻz tutib qoldim.
Alvido, «munda qol!» degan koʻkrak!
Koʻp ogʻir sendan ayrilib ketmak!
Chimkent, 1924


Sozim

Nafrat oʻlkasidan hijrat qilgʻanmen,
Ulfat diyoriga maskan qurgʻanmen.
Yuzimni oʻt emas, gulga burgʻanmen,
Samoviy zavqlargʻa toʻlib turgʻanmen
Bulbullar sevgini maqtagʻan damda!
Chechaklar oʻsgʻusi koʻz yoshlarimdan,
Boʻgʻinlar ungʻusi oʻylashlarimdan,
Qalblar yumshagʻusi sayrashlarimdan,
Sevgi chamanida yayrashlarimdan
Jannatlar yaratgay tashlangan janda.
Tilingan tillarga qon yugurgʻusi,
Boʻshalgʻan inlarga jonlar kirgusi,
Tikanli boqchalar chechak koʻrgusi,
Haq yoʻli, albatta, bir oʻtilgusi
Jandalar tanimga tekkan kunlarda!..
Oʻsh, 1924


Shaftoliga

Oʻn sakkizga kirgan qishloq qizlarining yuzidek
Qip-qizargʻan yuzlaringdan bir oʻpish ber, shaftoli!
Senga qarab turgʻanimda – bir ozgina boʻlsa ham –
Boʻlmas kabi, yoʻq kabidir … umidimning zavoli!
Umidimning zavoliga qon yigʻlagʻan koʻzlarim,
Yoshlarimni yuzlaringga tomchi-tomchi toʻkdimi?
Yoki sevgi armonida shahid boʻlgʻan yigitning
Yesir ruhi qoni bilan lablaringdan oʻpdimi?
Mayli, sevgan oshiqlaring yuzlaringga toʻymasun,
Lekin raqib lablaringga lablarini qoʻymasun,
Zaharini qoʻymasun!..
Qoʻqon, 1924


Javolash

(Bir oʻlimning izi)
Dedilar, kim: “Vafot etdi Javolash.”
Tanlarimda choʻziq, ogʻir bir titrash.
Boshlandi-da yaproq kabi choʻzildim,
Bir qancha chogʻ tushunchada yoʻq boʻldim…
Hay, qushlardek uchib yurgan yengil jon,
Gavdang endi tuproqlargʻa qoʻyildi,
Izlaring ham yer betidan yuvildi.
Faqat, ruhing ketmas ona bagʻridan!
Boshqa dunyo tortqanida oʻziga,
Unamoqdan boshqa yoʻling boʻlmagʻan.
Oz boʻlsa-da bir marhamat qilmagʻan,
Ma’yus-ma’yus qarasang-da yuziga…
Dedilar, ki “Vafot etdi Javolash”
Qalb koʻzimdan chiqib ketdi qator yosh…
Qoʻqon (temir yoʻl bekati), 1924


Yer Asiralari

Yer asiralari, yer asiralari!
Oltin bilakuzuklar, yoqut marjonlar,
Sadaf donalarmi tasallilari,
Qoʻrgʻonmi, devormi nasibalari,
Kun sanab oʻtarmi oy-yillari,
Tilga kelmaslarmi shu qadar jonlar?
Yer asiralari, goʻzal tonglarning
Sochidan koʻngilga quvvat olingiz!
Oʻzingiz tirishib, bevijdonlarning
Koʻngliga erk uchun ilhom solingiz!
Yer asiralari, yer asiralari,
Yosh toʻkib yigʻlashmi nasibalari?!
Andijon, 1924


Yanglishasiz

Siz deysizkim, men koʻklarni oʻylayman,
Yer betiga sira nazar solmayman!
Yanglishasiz, men koʻklarga berkingan
Yer qizidan xayolimni olmayman...
Qoʻqon, 1924


Paranji

Koʻklam chogʻi boʻlsa,
Oy toʻlsa,
Yulduz kulsa,
Seni shunda koʻrsam.
Bir dasta gul bersam,
Olsang,
Mast nazar solsang,
Bir nafas birga qolsang.
Abadiy zavqlarga toʻlsam!..
Emsak —
Yulduzlardan nur!
Kiysak —
Shu’lalardan toʻr!
Oʻynasa, kuylasa
— Tiniq koʻldan chiqib —
Bir toʻp pari — hur!
Hoy, qiz!
Hoy, qizga Oʻxshagan juvon,
Yur!
Kim seni oʻylasa,
Borligimni yiqib,
Yerlarga koʻmilsin!
Yoʻq boʻlsin,
Yoʻq boʻlsin
Yoʻq boʻlsin!
Paranji!
Yirtingiz!
Goʻrlarga eltingiz!
Yondiring chimmatni,
Boʻgʻmasin,
Toʻsmasin
Tabini ziynatni!
Yoʻq boʻlsin,
Yoʻq boʻlsin
Paranji!
Ochilsin,
Gullasin,
Yashnasin
Paranji ostiga berkingan,
«Menga ham erk!» degan
Inji! Inji!!
Qoʻqon, 1924


Qor

Har tomonda qor, qor, qor...
Yel bilan tushar, chiqar.
Bulutlar elab elak,
Separ oppoq kapalak.
Toʻda-toʻda ucharlar,
Aylanishib qocharlar,
Yellarga yoʻl ocharlar.
Mana, har tomon oppoq,
Maydon, koʻcha, tom, chorvoq.
Yerlar toʻnggon, koʻk toʻnggʻon,
Havo charchab boʻgʻilgʻon.
Koʻkragiga tushgan qor
Oʻziga joy axtarar,
Jimjit uylarni oʻrar.
Ogʻir-ogʻir yoyilar,
Kafan kabi kerilar
Qip-yalangʻoch dalaga,
Qushi ketgan uyaga.
Qishloq biroq koʻrinmas,
Boshidan bulut ketmas,
Na yoʻl, na iz bilinmas.
1924


* * *
Bir tutam sochlaring mening qoʻlimda,
Gʻijimlab oʻpaymi, yo tarab-echay,
Sir deb saqlaganing mening qoʻynimda,
Sir deb saqlayinmi yo yelga sochay.
Sochilgan sochingday sochilsa siring,
Anor yuzlaringni kimga tutasan?
Oʻzing-ku «ularda vafo yoʻq!» deding,
Nimaga ularni tagʻin kutasan?
Ochilgan qoʻynimda toʻlgʻangan taning
Koʻngildan qilcha ham hid yetkazmasa,
Menga yaqinlashma, ay, tirik boʻsa!
«Sevdim» deganlaring yolgʻondir sening!..
Toshkent, 1925


“Boychechak”

“Boychechakning bolasi”
Ochdi yuzini:
Suvga chiqqan xolasi
Koʻrdi qizini!
“Boychechakning bolasi”
Yetimcha bir qiz…
Uning oʻgay onasi
Juda yomon, tez!
“Boychechakning bolasi”
Yulip olindi.
Yurtning koʻzi olasi
Juda sevindi!
“Boychechakning bolasi”
Har uyda kuldi.
Goʻdaklarning xaltasi
Non bilan toʻldi!
Andijon, 1925


Tan Berdim

(“Umid Uchqunlari” shoiriga)
Tan berdim men, unadim men senga, senga ey yosh kuch!
Xaqiqatan bu kelishing zoʻr isyon!
Umid bilan zich toʻlibdir hamiyyon.
Qanotlaring qarshi yelni sezmaydilar, yuksal! Uch!
Yer kunini koʻkka ber!
“Yunkers” “Mars”gʻa bormoqchi,
Boshliqlarni olmoqchi,
Qanotingni kengroq ker!
Tomiringda isyonchi qon, toʻxtamasdan yugurib,
Seni doim bir talvasa quchogʻida saqlaydir;
Alangali tili bilan “kelgusi”ni xaqlaydir.
Sen xam bukun, yuzlaringni kelgusiga oʻgurib,
Uni maqtab-alqaysen.
Oʻtkanlarga yomon “gina” saqlaysen…
Bizlar faqat oʻtkanlarga bogʻlanib,
Oʻtkanlardek asta-sekin yoʻq boʻldik.
“Koʻngil” dedik, koʻngillarda “kul” boʻldik…
Oʻtkanlarning kafaniga chulgʻanib,
U olovli koʻzlaringga qarasam,
Hamiyyonda uchib chiqqan uchqunlarni sanasam,
Isyon oʻqi oʻlik tanga kirmasin,
Otquchisi yosh –
Vatandosh boʻlmasin!..
Andijon, 1925.


Xx Asr

(Usmonlicha)
Bu emish: Bilgi – fan, hunar asri,
Bu emish: Yuksalan bashar asri,
Hadisat oʻyla goʻsterir ki, bu asir
Yalingiz: She’r ve she’r ve she’r asri!…
Andijon, 1924

Kuz Guliga

Rangi oʻchkan,
Umri kechkan,
Kuz guli,
Bu yoʻli
Pastroq egil,
Menga bir oʻpish bergil!
Burun yoz edi,
Toʻla noz edi,
Endi kuz keldi,
Qadding egildi,
Ranging soʻlmoqda,
Yoshlar toʻlmoqda
Gʻamli koʻzlarga.
Soʻlgʻun yuzingga
Kimsa qaramay,
“Uzayin” demay,
Oʻtib ketmakda!
Kuz yetilmakda,
Qishdan chopar bor,
Yomon xabar bor!
Endi noz qilma,
Nozlanib kulma!
Kel, labimga kel,
Bir ozroq egil,
Bir yayrab oʻpay!
Shunga esirib,
Ruhingga kirib,
Koʻklamga yetay!..
Andijon, 1925


“Erkin Singil”Ga

1

Burun-hammadan
Tuban tutilgʻan.
“Chirkin pardadan
Endi qutilgʻan” –
Erkin singlimiz,
Bizdan ham eshit!
Biz ham “oʻz” yigit,
“Boshqa” emasmiz!

2

Kun chiqmay qoʻzgʻal,
Oʻragʻingni ol,
Dalalargʻa bor,
Ekinlarni yor,
Bugʻdoylargʻa sol!
Yoʻqsa, tong uvol…
Qarshingdagi chol,
Xayli qarigʻan,
Yashab horigʻan,
Soqoli oppoq…
Shundoq boʻlsa-da,
Sendan burunroq
Dalaga chiqib,
Gʻaramlar yigʻib,
Qancha bogʻlagʻan!
Hech charchamagʻan,
Oyoq-qoʻl ildam!
Yaqin borib koʻr,
Gul yuzingni bur.
Oʻynoqlab turib,
Sharaqlab kulib,
“-Ota, hormang!” de,
“Charchab qolmang!” de,
Koʻnglini koʻtar!
Yosharib yoshi,
Qarigan boshi
Koʻklarga yetar!

3

Kuching ketadir,
Holing bitadir.
Charchab qolasan,
Horib-tolasan.
Qishloqqa qarab,
Ekin oralap,
Yoʻlni solasan…
Yoʻlingda dala,
Dalada “lola”.
Qip-qizil boʻlib,
Hayotga toʻlib,
Kulib turadir…
Senga tikilib,
“Opajon, ol!” deb;
Agar olmasang,
Nazar solmang.
“Qul”dek yalinib,
“Qush”dek talpinib,
Oʻlib turadir…
Chiday olmaysen.
Tek qololmaysen;
Havas qoʻzgʻalur,
Qoʻling uzilur,
Uzib olursen…
Koʻkat iplarga
Bir munchasini
Chizib olursen…
Kulib boqarsen,
Soʻngra taqarsen…
Eng kenjasini
Axtarib topib,
Quloqqa taqib;
La’li seplarga
Oʻpkalar yoshlab,
Pichinlar tashlab,
Dashnom berarsen,
Yoʻlgʻa kirarsen…

4

Bir dexqon yigit,
Shaharga kelib,
Yigʻingʻa kirib,
Ahvolni bilib,
Qaror oʻqilgʻach,
Yigʻin yopilgʻach,
Asta… piyoda
Qaytib boradir.
Qoʻshuq: “Yor, dode…”
Aytib boradir.
Yoʻlida tala,
Talada ”xola”.
Xolada “lola”…
Xushtor boʻladir,
Havas toʻladir.
“Horma, qiz!” deydir.
”Hormang, siz!” deysan,
Yumshoq kuyasen
Battar eriydir…

5

Bugʻdoy oralab,
Qishloqqa qarab
Ketkan vaqtingda,
Oyoq ostingda
Somon parchalar
Albat, yanchalar…
Faqat ularning,
U miskinlarning
Ulugʻ xirmondan
Ozuqdan-dondan,
Eng zarur “non”dan
Uvalib tushkan
Yerda uvishkan
Ulugʻ zarralar,
Milyon karralar
Boʻlgʻanligʻini
Unutma, singlim!
Choʻpsiz yerlarning,
Donsiz yellarning,
Oʻlimlar bilan
Toʻlgʻanligʻin
Unutma, singlim!

6

Kun tugal botqach,
Daladan qaytqach,
“Lola”dan chambar
Taqib olasen,
Gullardan kamar
Topib olasen.
Bir tup toling bor:
Yumshoq qimirlar.
Yosh navdalari
Kechki yellardan.
Yoz savdolari
Yiroq ellardan.
Munda quvlagʻan,
Darbadar qilgʻan
Kechki yellarni,
Qalandarlarni…
Tol shoxi pastak;
Choʻzilib jindak,
Uzib olasen
Tol navdalarni,
U soddalarni
Sochingga ilib,
“Chochpopuk” qilib,
Yurib qalasen.
Shunda oy chiqar,
Zulmatni siqar,
Suti toʻkilur…
Butun yeryuzi
“Oppoq koʻl” boʻlur…
Yulduzning koʻzi,
“Hafif” jimillab
Senga tikilar.
-Qanday oydinlik!”
Goʻzal shu borliq!
Kechalar qutluq!
Degan soʻz bilan,
Yongʻan koʻz bilan
Asta limillab,
U … yigit kelar!
“Hafif oydinlik!”
Qishloqda tinliq..
Koʻkda oy-yulduz,
Yerda yigit-qiz
Tunga choʻmarsiz,
Hayot emarsiz…

7

Ish, kuch… kunlarda!
Shundoq tunlarda
“Hafif oydinlik!”
Puch narsa emas!
“Asil jonlilik
Yigit qonlilik”
Shunda! “demasa”,
Shuni sezmasa…
Seni tanimas,
Hech narsa bilmas!..
Singlim!
Shundoq tunlardan,
Lola-gullardan
Tortinma, bezma,
Bagʻrimni ezma!..
Qoʻqon, 1925


Koʻklam Yogʻmuri

Uch kunlik yogʻmur,
Toʻxtadi bazoʻr:
Bulutlar qochdi.
Kechkirgan choqda,
Tol shoxlarigʻa
Shoʻlalar tushdi…
Xavoning yuzi,
Zaxarli koʻzi
Muloyimlashdi.
Sharqning malagi –
Oy kamalagi
Koʻkka ulashdi…
Tolda “chochpopuk”,
Qiz koʻngli “puk-puk”…
Taqmoq istaydir!
Oʻrtoq yonini,
Xayri xonini
“Xa” deb qistaydir..
Lekin shu’lalar
Sinib boralar…
Oqshom “toʻr” soldi.
“Chochpopuk” taqish,
Yigitka yoqish
Yertaga qoldi!…
Andijon, 1925


Sirlardan

Bir tutum sochlaring mening qoʻlimda,
Gʻijimlab oʻpaymi yo tarab, ochay?
“Sir” deb saqlaganing mening qoʻynimda,
“Sir” deb saqlayinmi yo yelga sochay?
Sochilgʻan sochingday sochilsa sirring,
Anor yuzlaringni kimga tutasen?
Oʻzing-ku: “Ularda vafo yoʻq! ” deding,
Nimaga ularni tagʻin kutasen?
Ochilgʻan qoʻynimda toʻlgʻangʻan taning,
Koʻnglingdan qilcha ham hid yetkizmasa,
Menga yaqinlashma! Ey, tirik boʻsa!
“Sevdim” deganlaring, yolgʻondir sening!
Toshkent, 1925


Kelinchak

Butun gunohi
“Koʻk qargʻa shoxi”
Kiyib yurgani…
Dunyo koʻrkini,
Oʻyin-kulkini
Yaxshi koʻrgani.
Har kuni sahar
Boqchaga chiqar
Gullar tergali.
Eriga emas,
Chunki, yaramas,
Dilga bergali.
Boʻyniga osib,
Bagʻriga bosib,
Ovungan boʻlar.
Bir talay gʻamdan,
Hasrat alamdan
Sovungan boʻlar…
Oynakka qarab,
Sochini tarab,
Oʻziga oshiq…
“Shu yerga tegdim,
Qaddimni egdim,
Oʻlganim ortiq!”
Har kun ertalab,
Bir talay gʻazab
Er oʻlguridan.
Kunduz nagʻmasi
Qayinonasi –
Koʻmilguridan…
Qoʻshni kelinchak,
Istab “halunchak”
Chiqib qoladir.
Oʻltirib yerga,
Oʻsha kelinga
Hasrat qiladir.
Shunda ochilib,
Xiyla sochilib,
Ancha yayraydir.
Qaygʻuga toʻlsa,
Oʻzi jim boʻlsa,
Dutor sayraydir!..
Andijon, 1925


Koʻklamdan Xabar

Baqa sayrasa,
“Vaqqa-qa” desa,
“Koʻklam qoʻzgʻaldi!”
Deb, xabar bersa,
Shunda ham koʻnglim ancha yayraydir!
Ne uchun yaproq choyshab yoymaydir-
Tanlariga qon
Toʻlib qolsa ham,
Koʻkragiga jon
Kirib qolsa ham?
Ey goʻzal koʻklan,
Sudralma sen ham!
Yugurib, yelib,
Tezdaroq kelib,
Oʻpub ol barkni,
U erinchakni;
Ochsun koʻzini,
Alvon yuzini.
Andijon, 1925


Bezgak Qoʻynida

Uch kun boʻldi, suv kelmas,
Ariqlardan gʻuv kelmas,
Shamollardan “huv” kelmas
Chanqaganimda…
Nega kuldim? –Bilmadim.
Xursand boʻldim – bilmadim,
Yoshqa toʻldim – bilmadim,
Uygʻongʻanimda…
Suv kerakmas, yor kerak,
Yor emas, diyor kerak,
Diyorga “fanor” kerak
Uygʻoq chogʻimda…
“Fanor” topib oqayin,
Qanotimni taqayin,
Diyor ichra oqayin
Sogʻalgʻanimda!..
Andijon, 1925.


Qilqiz Maftunlari

Boyadan beri yumshoq qaltirab,
Bilanglab tez-tez,
Silkinib turgan tol navdalari—
Nega — bilmadim —
Birdan toʻxtadi.
Qiziqish bilan ularga qarab:
«Boyadan beri silkinardingiz,
Birdan nimaga bundap tindingiz.
Ey, goʻzal tollarning yosh sadolari?»
Deb xitob qildim.
Javob berdilar:
«Cholgʻu chalindi,
Qilqiz yalindi,
Koʻnglingga oʻxshab biz ham jim boʻldik,
Qilqiznipg mayin zavqiga toʻldik».
Andijon, 1925


Birinchi Xat

Men
«Ketay» deb,
Tez yetay deb,
Bogʻladim
Belga kamar!
Sen
«Netay» deb,
«Sabr etay» deb,
Solmading dilga kadar!
«Nur olay» deb,
«Yuksalay» deb,
Men
Qanot qoqqan edim.
«Aylanay» deb,
«Oʻrgulay» deb,
Sen
Qarab qolgan eding...
Endi:
Men mundan —
Uzoq yerlardan
Chopar chopdirib
Yubordim bir xat,
Bir kichik noma!
Endi:
sen undan —
Yumshoq yellardan
Qanot taqdirib
Men sari joʻnat
Bir suchuk noma,
Ey sochlari pat,
Ey pok muhabbat.
Mvskva, 1925


Galdir

Men dutor birlan tugʻishgan, koʻhna bir devonaman,
Ul tugʻishgonim bilan bir oʻtda doim yonaman.
Dillarida gʻam toʻla bechoralarga yorman,
Vaqti xush, gʻam koʻrmaganlardan tamom bezorman.
Men dutorning har yeriga berkinib olsam agar,
Pardalarning har biri bergay boʻlak gʻamdan xabar.
Pardalar uzra yurib turgan odam barmoqlari
Koʻkragimni koʻp bosar, shundan boʻlur tolmoqlari.
Ikki torni qaqshatib, barmoqlar oʻtsa toʻxtamay,
Gʻamli oʻt chiqmas oʻshal torlarda «Galdir» yigʻlamay.
Ahli gʻamlar men kabi majnunsifat «galdir» boʻlar,
Shul sababdan bandaning nomini «galdir» qoʻydilar...
Yoʻq ishim hokim, amaldor, shohu xoqonlar bilan,
Birgadur,man doimo hamdard boʻlgʻonlar bilan!..
Andijon, 1925

Hoy, Yoʻlovchi Qiz

(R. Tagordan)
Men bilaman, oh, bilaman seni,
Hoy, yoʻlovchi qiz!
Dengizdan nari ma’buding seni,
Hoy, yoʻlovchi qiz!
Koʻrdim kuz fasli, tong otar chogʻda,
Koʻrdim koʻklamda — oy botar chogʻda,
Koʻrdim qalbimda sirlik uchmoqda,
Hoy, yoʻlovchi qiz!
Yiroq koʻklarga koʻzni solaman,
Koʻshiqlaringni tinglab qolaman,
Sening yoʻllaringda qurboi boʻlaman,
Hoy, yoʻlovchi qiz!
Butun dunyoni koʻrdim men, mana,
Kelib turibman belgisiz elga,
Eshiging oldida mehmonmai senga,
Xoy, yoʻlovchi qiz!
Qoʻqon, 1925


Dala Yoʻllaridan...

Dala yoʻllaridan yurib boraman,
Har yaproq boshimda bitta yelpigʻich.
Yumshoq yel...
Yuzimni burib boraman,
Hislarim yel kabi yengil, oʻynagʻich...
Kichkina ariqning pastak shovvasi,
Mayin tovush bilan shovlab turadir.
«Ey, qoʻpol shaharning janjal-gʻovgʻasi,
Dala yoʻllarida men borman», deydir.
Dala yoʻllarida telbalar kabi
Ertadan kechgacha men ham chopamen.
Afsonalardagi darbadar kabi
Kimsasiz yerlarga qoʻyin ochamen.
Kimsasiz yerlarda sirlar aytildi,
Gʻaflat uyqusidan uygʻonib ketdim.
Yangi nashidalar dilga bitildi,
Ularda tuganmas ma’ni darj etdim.
Shovva tovushlari erkin she’rimga
Oltin qanot taqdi afsonalardan,
Olqishlar qoʻzgʻaldi gul-lolalardan,
Oʻzlik yot koʻrindi turgan yerimga.
Oʻzimdan tashqari bir dunyo koʻrdim...
Ikkimiz oʻshanda oqib boramiz,
Foniy qirgʻoqlarni yiqib boramiz,
Haqiqiy birlikka shunda yoʻl burdim.
Shu on... oʻzliklarni urib boramen,
Dala yoʻllaridan yurib boramen.
1925


Oʻzbek Chinovchilarigʻa

Yerni oʻlchang, tanob torting, handasaga toʻgʻrilang!
Yer ekuvchi dehqonlarning holatini ham xoʻp oʻylang!
Tanob degan jonsiz narsa moʻljalgacha choʻzilur,
Ammo jonli dexqonlar-chi? –Unga yetmay uzilur!
Yer sizlarga koʻkragini katta ochib koʻrsatar,
Dehqon boʻlsa, koʻz yoshini yerga sochib koʻrsatar.
Raqam bilgan miya bilan dehqon gʻamin anglangiz!
Tanob tortgan qoʻllar bilan yarasini bogʻlangiz!
Oʻzingizning yer ekkanning xizmatiga chogʻlangiz,
Yer va mehnat yovlarining yuragini dogʻlangiz!
Qoʻqon, 1925


Bahorni Sogʻindim...

Bahorni sogʻindim, bahorni...
Koʻrganda yerlar, olamlar toʻla qorni.
Qor... qor —
Zaharli ninalar kabi
Koʻzlarga qarab oqar...
Qaydasiz, qaydasiz
Latif siynalar kabi
Dalalarga singgan bahor?
Tala-tuz,
Ekin-tikin...
Gʻamgin-gʻamgin
Soʻla boshladi.
Sargʻaygan yaproq,
Boʻyanib tuproq
Oʻla boshladi, oʻla boshladi...
Yoʻq... oʻlim yoʻqdir!
Yolgʻiz bir oʻchib, bir soʻnish bordir.
Bir oʻchib, soʻnib... yana yonish bor.
Yana bahorlar,
Yana lolalar,
Yana siz, ey... erkin tilaklar!..
Samarqand, 1926


Kuz Yomgʻiri

Toʻkildi tomchilar...
Yairoqning yuzlari
Tomchiga oʻptirib hoʻllandi,
Chuqurcha koʻllandi...
Tomchini koʻpdirib,
Betida oʻynatdi
Chuqurcha,
U — jindsk koʻlcha.
Tomchilar —
Koʻklarning soʻzlari
Yerlarni qamchilar...
1926


Uzalgan Qoʻl

Qoʻlimdan tortmoqchi boʻldimi?
Shu ketsiz girdoblardan qutqarib
Qirgʻoqqa otmoqchi boʻldimi?
Kim oʻzi men kabi yoʻl ozib
Adashgan yoʻlchiga qoʻl bergan
Va yurgʻun koʻzlarga termilgan?
Charchagan qanotim kuch sezdi,
Yanami koʻklarga yuksalish?
Yanami koʻngilda tebranish?
Yoʻlimda bir fanor koʻrgazdi,
Yanami yoʻlchilik boshlaymen
Va sovuq maskanni tashlaymen?
Men unga kechmishdan — alamli
Afsona varaqlab berayin.
Asabiy, shikvali va gʻamli
Dostonchi ruhiga kirayin.
Siz unga aytingiz: tinglasin
Qaltiroq qillarning zorini.
Qaltiroq qillarning yorini
Yoʻqotgach ezilib inglasin.
Aytingiz: tinglarkan, koʻzlari
Marhamat nuriga burinsin.
Yuzida qizgʻanish izlari
Olovday qizarib koʻrinsin.
Boshladim shikvali choʻnchakni,
Qirgʻoqdan choʻzilgan qoʻllarga,
Va balki kirmagan yoʻllarga
Kirarman axtarib istakni.
Moskva, 1926


Bu Yerning Qishi

(Naziralarga nazira)
Kecha-kunduz qor...
Bu yerda falak,
Erka bir malak,
Par sochib oʻynar!
Bu yerda quyosh
Juda erinchak,
Nozli kelinchak
Bilgani oʻynar!
Shunday koʻrinib,
Jilmayib, kulib,
Bir oʻpich bermay,
Quchoqqa kirmay,
Yana qaytadi,
Sitam etadi.
Qor parchalari —
Toʻkilgan sadaf,
Yotar yiltillab,
Oy kechalari.
Poyonsiz boqcha,
Chaman-chaman qor.
Jonli soy oqar
Kunduzi kecha...
It uvlamaydi,
Hayot qaynaydi.
Tunni chaynaydi.
Hech uxlamaydi,
Koʻzni yummaydi.
Sira tinmaydi.
Moskva, 1927


Chimmat Qoʻshigʻi

(«Oʻzgancha»)
Chimmatimni koʻtarib koʻrdi xushtorim,
Dedim: «Tiriklikda shudir mazorim!»
Chimmatimning qillari yuzimga botar,
Bu qafaslar ichida qachon tong otar?
Chimmatimni tashlasam xech kim olmaydi,
Ota-onam holimga nazar solmaydi.
Chimmat, chachvon degani, hammasi, bir gai,
Koʻp chiroylik koʻzlarning yoshiga sabab.
Chimmat tekkan yuzlarim soʻlib boradi,
Koʻngilda umidlarim oʻlib boradi...
Chimmatimni irgʻitay, ushla, xushtorim!
— Paranjini qoʻshib tashla, ozodsan, yorim!
1927


Qadoqchi Qoʻshigʻi

Havolarda quloch otib kelgan turnalar,
Bizning Qashqar ellaridan yoʻqmi bir xabar?
Bizning ellar dovonlarning ketida qoldi,
Zolim falak boshimizga ayriliq soldi...
Olis yoʻllarga qarab telmirgan yorim,
Bu yil qaytay desam, yetmas madorim!
Havolarda qatorlashib uchgan turnalar,
Omon bormi Elda qolgan ota-onalar?..
1927
* * *
(Henrix Haynedan)
Hamma esnab turdi, quloq solmadi
Qaygʻumni gapirib bergan vaqtimda.
Meni alqamagan kishi qolmadi
Qaygʻumni nazmga tergan vaqtimda.
1927


Zangbuning Qizi

Erta saharlarda tong shabadasi
Oʻrik gullarini oʻpib oʻtgandir,
Meni ham oʻpmasin «juvon oʻlgir» deb,
Shaftoli yaprogʻi yuz berkitgandir.
Soʻrtaklar yuziga choʻzilgan «zangbu»
Qizi — Yaproqxonni uygʻotib olib,
Yasan-tusaniga erta-kech boshlar,
Bilgan hunarini oʻrtaga tashlar.
Yaproqxon ingichka gajaklar solib,
Onasi yonida qiyshanglab turar,
Oʻtgan-ketganlarning koʻnglidan urar.
Bechora Yaproqxon tortib olinib,
Qiymali goʻsht bilan qozonga tushsa,
Kavartok sevganlar qator turishsa,
Zangbuning ahvoli nima boʻldi deng!
Birining toʻyiga karnay chalinib,
Yigitlar kuyovni olib kelganda,
Birining borligʻi qaynar qozonda,
Shuni, ey gʻofillar, esga bir oling.
Oʻtgan shabadani oʻngan bulbullar,
Guldan boshqasini oʻylamaslarmish.
Shu qadar ta’sirli, buralma tillar
Guldan oʻzga bir soʻz soʻzlamaslarmish.
Shabada oʻzi ham bugun bir oʻpish
Bergan yaprogʻini ertaga tashlab,
Boshqa yaproqlarga xushomad boshlab,
Vafoning rasmini buzib oʻynarmish.
«Yaproqning qismati toʻkilib soʻlish»,
Deganlar shuni ham anglasinlarkim,
«Turmush — hayot» degan qudratli hokim,
Ming turli qonunlar tuzib oʻynarmish!..
Moskva, 1927


Qaytish

Sira tashlamay seni,
Koʻz yoshlarida meni
Oʻstirgan, asl she’rim!
Bir choqlar koʻkim, yerim,
Qiblam, istagim ediig,
Koʻngil chechagim eding.
Sensiz kunlarda yana,
Boʻshlik toʻldi koʻngilga,
Yana hamdamsiz qoldim.
Koʻnglimga alam oldim,
Qoʻlimgʻa qalam oldim,
Yana jonlanmakchiman!
Koʻnglim koʻnglingdan mayin,
Koʻnglingga kirmakchiman!..
Fargʻona, 1927


Xitoy Ohanglari

Xizmatchi Bola Qoʻshigʻi

(«Tort na’rangni, Xitoy» p’esasida oʻzini oʻldirayotgan xizmatchi bola aytadi.)
Tomirimni hakimlar qachon koʻradi?
Jon oluvchi boʻronlar qachon yuradi?
Kuz barglari toʻkildi: sap-sariq somon?
Yoʻqsillarga tiriklik oʻlimdan yomon...
Bu qorongi kechalar boylar uchun soz,
Bizdek boyoqishlarga oʻlimdan ham noz...
1928


Jan-Zi

Sholi desang doirangda, Jan-Zi,
Boshoqlari haryonda, Jan-Zi,
Boylar har kun osh yesa, Jan-Zi,
Kambagʻallar hayronda, Jan-Zi.
Qamish baland oʻsadi, Jan-Zi,
Oʻsib yoʻlni toʻsadi, Jan-Zi,
Hamma chiqqan general, Jan-Zi,
Kambagʻalni kesadi, Jan-Zi.
1928


Men Shoirmi?

(Tarjimai holimga)
Xayolim bir uchib, ketib qoladir,
Men ham tizginini qoʻyib beramen.
Zotan, qandoq qilib tutib turamen?!
Eng nozik qilimgʻa tegib qoladir.
Uchadir… uchadir… ming qabat koʻkni,
Bir boshdan siypalab oʻta beradir.
Zerikmay, erinmay keta beradir,
Ba’zan hovliqtirib jinni yurakni…
Koʻlanka kabidir, oʻtkan yeridan
Soʻngra qarasangiz, bir nishon qolmas,
Yurgan yerlaridan oziq ham olmas,
Shunda zerikamen uning sayridan…
Bir zamon bir shirin joyga yetkanda,
Nariga oʻtmasdan toʻxtab qoladir,
Oshiqdek yastanib, yotib oladir…
Shu choqda qiynalish boshlanar mena.
Chunki xayolimning koʻzlari bulan
Bir goʻzal holatni koʻrib turamen,
Lazzatga gʻarq boʻlib, oʻlib turamen
U holni borliqning soʻzlari bilan
Anglatish qoʻlimdan kelmay qoladir,
Shul choqda tillarim qaldirab ketib,
Borligʻim yoʻqlikka gʻildirab ketib
Demak, ki “Boshqalar bilmay qoladir.”
Shunday goʻzallikni! Attang, agar men
Rassom boʻlsam edi, chizib berardim,
Oʻxshash nusxa bilan yozib berardim.
Shu ojiz holimda shoirmenmi men?!.”
Shoirlik menda bir soyami deymen,
Har bir tushunchamni yoza olmagʻach,
Rassomdek xayolni chiza olmagʻach,
Haqir borligʻimgʻa koʻp afsus yeymen…
Xayolim yuksakdan tushib ketadir,
Shoirlik chang boʻlib, uchib ketadir…
Qoʻchon, 1928


Oʻn Olti

Oʻn olti martaba toʻplandik bizlar —
Tutqun otalarning erkin avlodi.
Poʻlatdek pishiqlik, matonat berdi
Temir kishanlarning dahshatli yodi.
Oʻn olti martaba toʻplandik bizlar
Asrning choragi oʻtmasdan turib.
Biz, yangi yetishgan — navqiron kuchmiz,
Matlabga yetamiz chopib, yugurib.
Bizning asabimiz necha ming yillar
Kishanlar ostida shu qadar pishdi —
Ki, shuncha ogʻirlik ichida aslo
Shoshmadik, dushmanlar hayron qolishdi!
Bizning safimizni oralab ba’zan
Dushmanning zaharlik fikri kirsa-da,
Biz sergak odamlar va qarshimizda
Saqlanib qololmas hech qanday parda!
Bizning yoʻlimizda ogʻirlik sonsiz,
Birma-bir ularni yengmay qoʻymaymiz!
Bizdagi bu imon senda yoʻq aslo,
Ey dushman, negakim, koʻnglimiz tamiz!
Oʻn olti martaba toʻplanib bizlar
Rejalar tortishdik yangi ishlarga,
Nima deyishini bilmaydi dushman,
Bu reja boʻyicha yugurishlarga!
Oʻn olti martaba toʻplanib bizlar
Qoʻl soldik hayotning tomirlariga!
Oʻzimiz hayotni tebratuvchi kuch!
Jonlilar qayrilib boqmayajaklar,
Shafaqlar qizarib oqmayajaklar,
Oʻlim olqishini yuksaltirajak,
Zulmat gʻurublardan salom berajak:
Hayotning yolgʻonchi amirlariga!..
1930


Oktabr'

(7 noyabr')

I

— Ey, bukun, ey bu kun
Dunyolar sarsildi!
Fikrlar, xayollar,
Roʻyolar sarsildi!
Ey, bukun, olovlar
Dunyoni yondirdi,
Insonlar och yerni
Qonlarga qondirdi!
Ey, bukun, koʻklarda
Quyoshlar tutildi.
Ey, bukun, shamollar,
Boʻronlar qutirdi!
Ey, bukun, jahannam
Olovlar puskurdi.
Ey, bukun, vulqonlar
Zulmatga tupurdi!
Ey, bukun, chaqmoqlar
Chaqdilar, chaqdilar...
Ey, bukun, toʻfonlar
Oqdilar, oqdilar...
Ey, bukun, doʻl kelib
Olamni yiqqan kun!
Ey, bukun, kurramiz,
Mehvardan chiqqan kun!..

II

Yoʻq, doʻstim, hovliqma,
Xayolga berilma.
Ortiqcha hashamga
Berilib soʻz dema.
Hech narsa boʻlmadi!
Na toʻfon, na vulqon.
Yolgʻiz, haq yoʻllarda
Oqdi qon, oqdi qon...
Yolgʻiz bir harakat,
Qimirlash koʻrildi,
Chayladai chiqilib
Oʻrdaga yurildi.
Osildi «yoʻq» «bor»ga,
Yoʻqsillar-boylarga.
(Hsch narsa boʻlmadi
Kun, bulut, onlarga.
Tabiat jim qoldi,
Na issiq, na sovuq.
Oktabr' onida
Kuz kstgan.
Qish yovuq.)
Qoʻzgʻaldi och qolgan,
Entikkan bir yigʻin,
Oʻlimning koʻziga
Koʻz tikkan bir yigʻin.
Qoʻzgaldi bechora,
Yalangʻoch jamiyat.
Koʻksida yonardi,
Lekin, bir hamiyat!
Oʻlimga zavq ila
Sudragan hamiyat!
Oʻlimdan oʻzgani
Koʻrmagan hamiyat!
Hamiyat, yo gʻazab,
Yo shiddat...
Bari bir!
Ilgiz u — dunyonnng
Fotihi, olamgir!
Ana shul hamiyat,
Ana shul jamiyat,
Ana shul iroda,
Ana shul haq niyat
Zolimning qoʻlidan
Qudratni oldi-da,
Oʻzining mahsuli —
Zindonga soldi-da;
Oʻzicha yashashning
Yoʻlini qaradi,
Oʻziga bir olam
Qurmoqqa yaradi.
Shugina:
Doʻl kelib
Olamni yiqmadi,
Va yerning kurrasi
Mehvardan chiqmadi.

III

U kunning kuyi ham,
She’ri ham koʻp sodda,
Lekin u soddalik,
Ravonlik oldida
Doʻllarning olamni yiqishi —
Hechdir!
Kurraning mehvardan chiqishi —
Hechdir!
1930


Daryo Boʻyi

(Gʻafur Gʻulomga)
Bu Uchqoʻrgʻon, ajab, obi-havosi dilnavoz ermish,
Xususan daryoning qirgʻoqlari kuz fasli soz ermish.
Talotum aylashib suvlar choparmish telba, majnundek,
Qiroqlar bevafo mahbublardek yoʻlda gʻoz ermish...
Tiniq oy nurlari suvlar yuzinda oʻynashib tunlar,
Tong otguncha ularning ishlari ming turfa noz ermish.
Boʻlak joylarda tan rohat topolmay cheksa zahmatlar,
Butun yoz oʻtkuncha daryo suvida «abboz» ermish.
Koʻrib Norinni ta’bi joʻsh urib bir-ikki soʻz aytgan
Aruzdan bahrasiz bir Choʻlpon otlik benamoz ermish.
1931


1 May

I

Bu buyuk kun yillar boʻyi zoʻr oʻrmonlarning
Quyosh tushmas joylarida qarshi olindi.
Yoxud chuqur va qorongʻi yertoʻlalarning
Zax bagʻrida nafas, ba’zan, ichga solindi.
Qizil bayroq alangadek lovullar ekan,
Hushtak chalib oʻtgan oʻqlar bagʻrini tildi.
Uni qoʻldan bermayman deb May kunlarida
Koʻp ishchilar tiklanolmas boʻlib yiqildi.
Bu buyuk kun, har yil kelib, oʻz tegrasiga
Quyilardan yangi-yangi quvvat toʻplardi.
Oʻn olti yil mundan burun kech kuz faslida
U zoʻr quvvat dushmanlarning safini yordi.

II

Shundan beri u zoʻr kunni, har kelganida,
Million-million kular yuzlar qarshi oladi.
Baynalminal ovozlari yuksalar ekan,
Bor shundaylar: nafasini ichga soladi...
Million-million kular yuzlar har yil shu kunda
Bir qayrilib oʻtganlari yoʻlga qaraylar,
Shunday ulugʻ dovonlarni nechik oshganlar,
Nechik muncha tez ketganlar... anglayolmaylar.
Tarix boʻyi hech bir quvvat botinolmagan
Juda ogʻir, juda mushkul bir yoʻlnn tutib,
Oʻtish uchun loaqalli ikki-uch asr
Kerak boʻlgan uzun yoʻlni besh yilda oʻtib
Qari tarix betlariga sharaf bitganlar,
Yer yuzini hayron qilib gangiratganlar!
Faqat, yana qizil bayroq hilpirar ekan,
Millionlarning oʻtkir koʻzi — tagʻin yoʻllarda,
Yangi hayot, sinfsiz hayot qurish istagi,
Million-million
Erkak, xotin, qiz, oʻgʻillarda!..
1933


Qoʻshiq

«Xush keldingiz Xorazmga» kuyiga
Buzib eski turmushlarni,
Bajardingiz zoʻr ishlarni,
Ado qilib yumushlarni,
Hormang endi, kolxozchilar!
Oq oltinlar rivojlandi,
Koʻp ishlagan koʻp qozondi.
Mehnat dushmanlari yondi,
Hormang endi, kolxozchilar!
Intizomni joylab safga,
Gʻayrat solib har tarafga,
Erishdingiz zoʻr sharafga,
Hormang endi, kolxozchilar!
Qoʻlga olib tuproq-konni,
Aziz koʻrib ishlaganii,
Bajardingiz zoʻr planni,
Hormang endi, kolxozchilar!
Firqa sizning rahbaringiz,
Buzilmaydi saflaringnz,
Sharaf toʻla daftaringiz,
Hormang endi, kolxozchilar!
1933


Bir Lavha

(Shanxay voqealaridan)
Nagasaki limanidan jildi paroxod.
Bir paroxod emas, balki ulkan bir flot!
Vampu daryo suvlarini qopladi toʻlqin.
Sizinvanning havosini zaharlik tutun
Bir haftadan beri birdak bosib turadi.
Togʻ toʻplari kemalarga olov uradi!
Sottilmentdan tashqarida bu mudhish uchish
Kecha-kunduz ogʻir tushday davom etadi.
Ogʻir oʻqlar yer bagʻrini yorib titadi!
Ksng maydonda oʻliklar yoʻq, oʻlganlar sonsiz!
Koʻp «madanny» urush boʻldi oʻliksiz, qonsiz:
Har bir oʻlik bir nechaga boʻlinib ketgan,
Yo qoʻlini, yo butini birdan gʻayb etgan,
Biri qumlar orasida arang koʻrinar,
Biri oyoq ostlarida qolib surunar...
Koʻp «madaniy» urush emish — oʻliksiz, qonsiz!
Obroʻylik bnr gazetada qaysi vijdonsiz
Shu mazmunda yozuv yozib jar chaqiradi.
Xoʻjaymni ham chiqarmay elni qiradi!
Ikkovi ham «vahshiylar»nn yoʻlga solmoqchi,
Ikkovi ham «vahshiy el»da turib qolmoqchi,
Ikkovi ham «vahshiy»larni yomon koʻradi,
Koʻcha-koʻyda koʻringanda yuz oʻgiradi.
Ikkovi ham «vahshiylar»ning kuchiga xushtor!
«Vahshiylar»ga bu sevgidan nima foyda bor?
Settilmentdan uchnb oʻtdi xunuk qora qush!
Restoranda bilinmadi bu mudhish uchish.
Chunki unda jaz shavqini quloq yoradi,
Tashqarida och bir xitoy, hey, yolvoradi,
Hey, yolvoradi!..
1932


* * *
Barcha umid sen karamdan, ey karam, qilgʻil karam,
Bir umr ogʻzimga olmay, qanddin yetdi alam.
Non bilan un ham oʻshal qandning yoʻlida jilvagar,
Ul ikkovidin ham tonib, ming martaba ichdim qasam.
Mevaxonlar, shinnijonlar, endi noz etmang menga,
Siz bilan oʻynashgili yoʻqdir koʻngilda hafsalam.
Garchi kartoshka menga ixlosini bildirsa-da,
Hech yaqin bormasman aslo unga endi, jon akam.
Tashladim shunday palovni, bor debon unda gurunch,
«Ovqating doim palov boʻlsin» degan erdi dadam.
Doʻstlar mehmonga chorlab, qoʻysalar qandu-shakar,
Qayfdir undoq takalluf men uchun ortiq hasham.

Nil Qizi

Goʻzal Nil boʻyidan —
Falloh qiziman.
Ehromlar yoʻlida
Karvon iziman.
Toshqindan tugʻildim
Erta bahorda,
Iliq nurlar emdim
Kundan nahorda.
Toʻkilgan xurmolar
Yemishim boʻldi...
Olovli sevgilar
Yelga tutnldi.
Ssvganim qul boʻlib
Sotilib ketdi.
Minglarcha qullarga
Qotilib ketdi...
Butun hayotimni
Bir zahar sirdi.
Qoʻynimga sevmagan
Bir erkak kirdi!
Onamdan ayrildim
«Ona» deguncha,
Otamni koʻrmadim
Koʻzim toʻyguncha...
Nilning barakasi
Dunyoga tatir.
Fallohning baxtini
Kimlar uygʻotur?..
1934


Norin Daryo

Bosh koʻtargan qullar kabi hiddat bilan,
Hujum qilgan qoʻshin kabi shiddat bilan
Toʻlqinlardan oʻrkach otib yuksaklarga,
Achchigʻ bilan oʻzni urib tirsaklarga,
Och yoʻlbarsday na’ra tortib kelishing bor!
Asov otday telbalanib yelishing bor!
Bir oz toʻxtab dam olishni bilmaysan hech!
Qay chopasan, yugurasan — ertayu kech!
Oʻkirishing avj oladi kechalari!
Yuraklarga xavf sodadi kechalari!
Kechalarning jimligini bitirasan!
Ammo-lekin jinnilikni qotirasan!
Yoʻllaringda och sahrolar entikadi,
Tashna tuproq suqi kirib koʻz tikadi!
Qurib yotgan ariqlarning koʻzi senda!
Koʻp boʻgʻinning hasrat toʻla soʻzi senda!
Senda, koshki, bir aylanib qarash boʻlsa,
Qirgʻoqlardan holu ahvol soʻrash boʻlsa!
Shu oqish-la yuz yillarni oqizgan — sen!
Koʻp boʻgʻinni tobutiga yotqizgan — sen!
Senga qolsa shu oqish-la yana yuz yil,
Yana ming yil, minglarcha yil...
Bas endi! Bil:
Yuz yillarning ixtiyori senda emas!
Odam bugun hech bir kuchga banda emas!
Sen, azamat, shunday yerdan oʻtasankim,
Senga oʻxshash uziqora daryolar — jim,
Oʻkirmasdan, boʻkirmasdan oqadilar,
Buyruq kutib qirgʻoqlarga boqadilar!
Sendan asov, sendan yomon daryolar ham
Boʻyin egib kelishdilar biram-biram!
Dneprni bilarmiding? Balo edi!
«Men telbaga kishan bormi, qalay?» derdi.
Ozod mehnat bir hamlada ushlab olib,
Oz fursatda odam qilib — yoʻlga solib
Oʻz erkida oʻynatadi u telbangni!
Shoshma, hali, tizginlaydi bir kun...
Gangni!
Sen magʻrursan! Senga, hali tegmaganlar,
Sening temir irodangni egmaganlar.
Hali seni poʻlat qoʻlga olmaganlar,
Yoʻllaringni och choʻllarga solmaganlar,
Qurib yotgan ariqlarga oqqaning yoʻq!
Oq oltindan shokildalar taqqaning yoʻq!
Elektrik yulduzlarni yoqqaning yoʻq!
Lampa koʻz-la mamlakatga boqqaning noʻq!
Erta-indin sen jinniga tegajaklar!
Irodangni — metin boʻlsin! — egajaklar!
Seni poʻlat qoʻllariga olajaklar!
Yoʻllaringni och choʻllarga solajaklar!
Qurib yotgan ariqlarga oqajaksan!
Oq oltindan shokildalar taqajaksan!
Elektrik yulduzlarnn yoqajaksan!
Lampa-koʻz-la mamlakatga boqajaksan!
Niagara qari, sendan ancha katta,
Dnepr ham undan kichik shu fursatda.
Niagara koʻpdan beri tizginlangan,
Uning asov yelkasiga odam mingan.
Faqat uni, bilasanmi, kimning quli?
Parrasini aylantirgan kimning puli?
Boshqalarning terisini oqizganlar,
Bankalarga pullarini yotqizganlar,
Yoʻqsillarni zuluk kabi soʻruvchilar,
Manfaatga oʻzlarini uruvchilar,
Birovlarning yelkasida yashovchilar,
Millionlarning luqmasiii oshovchilar!
Sizga ega — oʻz kuchi-la ishlovchilar,
Luqmasini halol qilib tishlovchilar!
Qul zotini ozodlikka boshlovchilar,
Haq kurashga millionlarni tashlovchilar!
Ular sizni haq yoʻllarda oqizajak,
Koʻz nuriday aziz qilib boqizajak!
Hech bir kuchni qoʻymayajak teksin sizga!
Qonga botgan qoʻllarini egsin sizga!..
1934


Yangi Men

Menda endi qaygʻular yoʻq,
Men bahorlar kabi shanman,
Kechalarning oʻlimiga
Qahqahalar solgan manman!
Oʻlik ruhli kechalardan
Sir kutishlik menda yoʻqtur,
Men istamam, qora savdo,
Kishaningni Majnunga ur!
Mening yangi vatanimda
Na Majnun bor, na-da zanjir!
Munda har bir ishlaganning
Baxti quchogʻida kelur!
Munda mehnat bir hukmdor,
Amr etadi, charchatmaydi,
Chunki mashshoq oʻz soziga
Ssvgisini yoʻqotmaydi.
Munda mehnat quvnab-quvnab
Moʻ’jizalar yaratadi.
Munda har kun shoʻx qoʻshiqlar,
Kuylar ila tong otadi.
Millionlarning biri kabi
Men ham har kun ter toʻkaman,
Har kun yangi hayajonlar,
Zafarlarga koʻnikaman!
Millionlarning biri kabi
Men ham quvnoq, men ham shanman,
Kechmishlarning oʻlimiga
Qahqahalar solgan manman!..
1934


Bizning Vatan

Yer yuzinda oʻzga bir olam erur bizning vatan,
Boshqa har bir oʻlkadan keng, har diyordan kattakon.
Har tomondan yuksalish soriga tashlab zoʻr qadam,
Dashtu sahrosi aning gul-gul ochilmishdir chaman!
Daryosi avvalgidek, yerdan olib qochmas oʻzin,
Chunki poyiga uning mahkam urilmishdir kishan.
Munda mehnat — hurlik olgan, barcha mehnat ahli — hur!
Kimki mehnat qilsa — quvnoq, kimki mehnat qilsa shan!
Fan bilan mehnat ikovlon qoʻl berishkan, ittifoq,
Erkin-erkin yayrashib ijod etar mehnat va fan!
Yangi jamiyat qurib dunyoga oʻrnak boʻlgani
Barcha mehnat ahli birga, hamma bir jon, bir badan!
Bu vataini jon bilan saqlashga, Choʻlpon, hozir oʻl,
Kimki qasd etsa anga kiysin pushaymondin kafan!.
1934


Bu Kunning Shoiri

(Oktabrning XVII yilligi kunida)
Shoirning qalami koʻngildan kuch olib
Shu kunning shoniga
Har yil bir yangi kuy toʻqiydi.
Shu ulugʻ kunlarda millionlar oldida,
Muazzam maydonda oʻqiydi!
Shoirning koʻnglida barq urgan tuygʻular
Muazzam maydonlar tuygʻusi!
Choʻllardan jannatlar yaratgan yangi sinf
Millionlar, millionlar tuygʻusi!
Millionlar tilmochi — yangi sinf shoiri
Bu kunga bagʻishlab
Har yil bir yangi kuy toʻqurkan,
U kuyni har joyda, har kolxoz a’zosi,
Har sovxoz ishchisi oʻqurkan,
Har ishchi dastgohi boshida oʻzicha,
U kuyni ohista kuylarkan,
Shoirning oʻzini koʻrmagan pioner
She’rining maqtovin soʻylarkan,
Shoir ham millionning bittasi boʻlganin,
Har joyda, har onda sezadi,
«Bu ishim — millionlar ishi!» deb oʻylaydi,
Va buni
Ham jonda, ham qonda sezadi!..
1934


Yana Oldim Sozimni

Bir necha yil qantargach
Yana oldim sozimni,
Endi aytib yigʻlamas
Koʻngildagi rozimni.
Koʻngildagi kudurat
Koʻtarildi, nihoyat,
Endi, ilhom manbai—
Qaynab yotgan shu hayot!
Qillaridan sozimning
Toʻkilajak shan kuylar,
Gʻur oʻlkaning hur qizi
Singari qashan kuylar.
Qurilish dostonlari
Pardalardan oqajak.
Eh, koʻngil, yangi dardlar
Tagʻin seni yoqajak!
1934


Kuz

Daraxtlar taniga tirmashdi izgʻirin,
Shoxlarga ilonday chirmashdi izgʻirin.
Qoʻllari barglarning betida surundi,
Barglarning bandini qirt etib kesishga
Urindi...
Yer beti qoplandi mallarang choyshab-la,
Boqchalar qoplandi rang-barang choyshab-la!
Qish, qirov orqali joʻnatti nomasin,
Yaqinda chalajak yoqimsiz nagʻmasin...
Guppi toʻn vazmin solajak bus-butun,
Ishiga qaytajak oʻt, oʻtin!
Lekin biz qosh-qovoq solmaymiz kuz kabi,
Yuzlarga gʻam rangi olmaymiz kuz kabi.
Yulduzday yonuvchi koʻzlarni oʻynatib,
Shu katta,
Dumaloq kurraning
Oltidan biriga qaraymiz!
Qishu yoz
Bir xilda ishlatan,
Bir xilda yaratgan,
Shu tinmas
Va sayoq kurraning
Oltidan birini oʻziga qaratgan,
Ishlash-la tishlagan
Yeriga qaraymiz!
Ishlashda — buyuk zavq!
Mehnatda — ulugʻ shavq.
Ijodda — oʻlmaslik
Va foniy boʻlmaslik
Qoʻramiz!
Kuzda ham,
Qishda ham,
Bahorlar shavqi-la,
Aylanar kurramiz!
Mayli,
Har daraxtga tirmashsin izgʻirin.
Shoxlarga, ilonday chirmashsin izgʻirin!
Mayliga,
Qish agar
Yoʻllasa nomasin!
Boshlasa
Beta’sir,
Yoqimsiz nagʻmasin!
Biz
Qishdan
Yoshlarning rizqini olamiz!
Qishni ham,
Yozni ham
Rejaga solamiz!..
1934


Diyorim

(Oʻzbekistonning 10 yilligiga)
Titilib oʻqilmas boʻlganda tarixing,
Hasrat-la alamga toʻlganda tarixing,
Hazonning bargiday soʻlganda tarixing,
Koʻzimning nurnni ayamay oʻqidim.
Hech qaydan men kutgan zarvaraq chiqmadi,
Ignadek yaltirab bir varaq chpqmadm.
Hasrat-la alamga bir qiroq chiqmadi—
Miyamda behuda xayollar toʻqidim...
Har yerda boshkesar xonlarning ta’rifi,
Behuda shuhratlar, shoilarning ta’rifi,
Daryodek oquvchi qonlarning ta’rifi,
Shul edi ming yillab bitilgan tarixing.
Fuqaro kim edi — odam deb sanalsa?
Bir rahbar koʻrdimi jon berib, jon olsa?
Bir hakim topdimi bemordan qon olsa?
Shul edi sajdalar etilgan tarixing.
Bema’ni tarixni yopdnrdi inqilob,
Sen qoʻygan talabni qondirdi inqilob,
Qargʻagan kechmishdan topdirdi inqilob,
Kelajak mehrini koʻngulga jo aylab!
Shoirlar, adiblar, hakimlar yopmadi,
Ma’quldan inqilob hech qachon topmadi,
Kechmishning barchasin safsata sanmadi,
Oʻrganib yotadi kechmishni bel boylab.
Diyorim, kattakon roʻzgʻorda bir tansan,
Qanday joy, nima ish, xoʻp yaxshi bilgansan,
Dunyoga yangidan tugʻilib kelgansan!
Oʻn yilda boshqatdan yasandi tarixing!
Dunyolar tarixi joy berdi koʻksidan,
Xavfing yoʻq gardishning har qancha aksidan,
Yoʻldoshing — mshnatdir, oʻrtogʻing — ilmu fan,
Tarixlik nomini qozondi tarixing!..
1934


Bayramda Shahrimiz

Turdi rohat uyqusiday shahrimiz erta-sahar,
Tushdi istiqboliga oltip quyoshdan zarralar.
Tilladan yaproq taqindi, bogʻchalar-la parklar,
Jonli selga ochdi yoʻl alvon kiynngan arklar.
Daryodek toshdi qizil baqroq bilan ulkan shahar,
Kuldi bayroqlar kabi quvnab yashargan chehralar.
Otga mingan mard yigitlar, tanka mingan qahramon,
Barcha quvnoq chehralarga yov xurujindan omon!
Qancha lochin osmonda... Mangu qayrilmas qanot,
Sulhparvar oʻlkamizga yov hujumindan najot.
Uyqudan turgan shaharning chehrasi qanday yorugʻ!
Yalladan tinmaydi bir dam... jildirab oqqan ariq!
1935


Bu Oʻlkaning Koʻklami

(Kavkaz xotiralari)
Bu oʻlkaning koʻklami juda ham namgarchilik,
Quyosh bulutlar bilan oʻynashadi, shekilli.
Qachon koʻrsam yashiringan oʻyinqaroq boladay,
Meni entiktirmoqchi, oʻynashib, alday-alday...
Meni aldarsan, quyosh! Meni aldash osonroq.
Nishondorni aldab koʻr,— shunda senga beray haq.
U, havoning nozini nazariga ilmaydi,
Maskovda va’da bergan, boshqa gapni bilmaydi.
Bulut yerni qamchilab osmon boʻyi suzarkan,
Bemahal xuruj qilib, moʻljallarni buzarkan,
Nishondorning yuzlari jilmayadi beparvo:
«Qoʻrqutolmaysan,— deydi,— sen bizni injiq havo!»
Adirlarga qaraydi: har tomon yashil bugʻdoy!
«Nima qilayin,— deydi — bulutlarni maqtamay?
Rizqimizni ularning xurujidan olamiz,
Shu tomchilar ostida koʻkaradi dalamiz!»
Boya, doʻllar ostida chopib oʻtdi ishiga.
Havo tusholarmidi nishondorning peshiga?
Qoʻyosh hali inidan tuzuk-quruq chiqmasdan,
Bulut hoʻl lungisini qattiqqina siqmasdan,
Maysalar erta bilan dildirashib qararkan,
Sovuq shamol tanlarni qashlogʻichda tararkan,
Dalalarda nishondor bahorni bogʻlab olgan,
Dalada bir jon bormi — havoga nazar solgan?
Joʻxori donalari xolis oltinday toza,
Bejirim qurutganlar oftobga yoza-yoza.
Qora yerning bagʻriga koʻmildilar donalar,
Ha, Quyosh, koʻkdagilar koʻp yomon aldanalar.
Bu oʻlkaning egasi — butunlay yangi odam,
Qoʻyadimi gʻururi tilasin koʻkdan yordam?
U sening koʻklaringni oʻz amriga olajak,
Achchigʻing kelgan boʻlsa olovingni baland yoq!
U, sening olovingdan moʻl-koʻl hosil olajak,
Seni ham bora-bora oʻz yoʻliga solajak!..
1936


Birinchi San’at Nishondori Oʻrtoq Uygʻurga

Sahna san’atini bola chogʻidan
Mehribon onadek parvarish qilding.
Asabing metindan pishiqroq edi,
Bilaman, shunda ham qancha siqilding!
Butun yoshligingni sahnamiz oldi,
Yoshlik gʻayratinn sen unga berding.
«Turkiston tabibi» oʻynalar ekan,
«Sahnamiz «Hamletoga yetadi!» derding.
Birga qadam tashlab inqilob bilan
Sahna san’atini shuncha yuksaltding.
Elni sevintirib qanday porladi
Eng buyuk asari V. Shekspirning!
Bugun oldingilar safiga oʻtib,
Qanday goʻzal joyni oldi sahnamiz.
Nihoyat, seni ham oldingi safda
Faxriy nishon bilai koʻrdik hammamiz.
Koʻngildan qutlayman! Bu ulugʻ nishon
Yangi yutuqlardan xabar demakdir.
Sovet san’atining qizil bayrogʻin
Tobora yuqori koʻtar demakdir!
1936


Bulbul Va Gul

(A. S. Pushkindan)
Bahor chogʻida holi bogʻda bir zulmatli tun erdi,
Gʻarib bulbul figʻon aylab, «Gulim, rahm aylagil», derdi.
Biroq ul gul quloq solmas edi faryodu afgʻona,
Faqat orom olardi noladin toʻlgʻona-toʻlgʻona.
Seni hech sevmagan bir gul uchun, ey shoirim, sen ham
Yonarsan, oʻrtanarsan, dod etarsan tinmayin bir dam.
Qoʻy endi, behuda dod etma, ohing unga yetmaydi,
Qaraysan, yashnagan bir gul, faqat dodingga yetmaydi.
1936