OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Dadaxon Nuriy. Mehmon (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDadaxon Nuriy
Asar nomiMehmon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Dadaxon Nuriy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mehmon (hikoya)
Dadaxon Nuriy

Qish etagi uzilib, bahorning birinchi oyi boshlanishi bilan sohil boʻylab yuqoridan iliq shamol esa boshlaydi-da, bir haftaga qoldirmay nafasi tekkan oʻt-oʻlan, dov-daraxtlar kurtagini boʻrttirib yuboradi. Qaynarsoydagi tollarning novdadarida qovrilgan xandon pistasiday munchoq-munchoq shodalar paydo boʻladi. Qish sovugʻidan qorayib ketgan na’matak shoxlariga suv yugurib boʻyga yetgan qizlarning barmogʻiday muloyim va kishi diqqatini tortuvchi boʻlib qoladi. Mijozi yengilroq bodomlar hammadan avvat gulga burkanib, oʻz koʻrkini namoyish qilishga tushadi.

Mana shu pallalar Bogʻistonda boʻlsangiz bormi, tabiatning uddaburoligi-yu, mohirona san’atiga qoyil qolmay ilojingiz yoʻq.

Ayniqsa aprel oxirlab, togʻu toshlar yam-yashil libosga burkanib, qirmizi lolalar quyosh nurida billur qadahday tovlanganida bu yerning fayzi juda boʻlakcha boʻladi.

Ilgari shaharliklar bu tomonlarga kam kelishardi. Yoʻl kengaytirilib, avtobus qatnay boshlaganidan beri ularning keti uzilmay koldi. Ayniqsa «lola sayli» ishqibozlari juda koʻpayib ketdi. Shanba, yakshanba kunlari qishloq va uning soʻlim qir etaklari gavjum boʻladi: kimdir musiqa chaladi, kimdir shirasiz ovozi bilan ashula aytadi, yana birov hali sovuq shashti kesilmagan daryo suvida choʻmiladi.

Bugun juma kuni boʻlganidanmi, boya Ayiqtepada oʻtirganlarni hisobga olmaganda, qishloqda sayrchi yoʻq edi hisob...

Ular dovon oshib ancha ichkarilab ketishgan, tabiat shavqiga berilib vaqt kechga yaqinlashib qolganini sezishmagandi. Izni yoʻqotib qoʻymaslik uchun shoshib-pishib orqaga qaytdilar.
— Radioga ham ishonish kerak! — dedi yigit tajang ovozda bir dastadan lola qoʻltiqlab olgan juvon bilan qizchani shagal qiyalikdan pastga tushirarkan, — togʻli hududlarda jala quyadi degandi. Shu sayrga ertaga chiqsak ham boʻlardi-ya!
— Unda ogʻayningiz Azimjonning toʻyichi!? — hozirjavoblik qildi juvon.
— Darvoqe — Rustam peshonasini tirishtirib kafti bilan yomgʻir tomchilar quyilib turgan yuzini sidirib qoʻydi, — ertalabdan eshigi oldida qoʻl qovushtirib turmasang boʻlmaydi, oshna-ogʻaynichilik.

Ayol qoʻlidaga shamsiyani qizcha boshiga yaqinroq tutib shivalab turgan yomgʻirdan uni himoya qilarkan, erining gapiga qoʻshimcha qildi:
— Shu ogʻayningiz gʻalati-da, ayollarday ginachi! Oʻtgan yili komandirovkada boʻlib oʻgʻilchasining tugʻilgan kunida qatnasholmaganingizni hali-hali ta’na qilib gapiradi... Endi toʻyni ham rosa katta qilsa kerak!
— Qiladi-da, magazin mudiri... Umuman mana shunaqa narsalar jonga tegdi. Otpuska olgandan beri biron kun uyda tinchgina oʻtirmabmiz-a! Har kuni bittadan tashvish.
— Shuning uchun ham sizga aytdim-da, biron yoqqa ketaylik, deb.
— Mana, bir kunga boʻlsa ham keldik-ku. Endi uyga yetib olsak, u yogʻini bir oʻylashib koʻramiz. Otpuskaning ham yarmi ketdi hisob.

Yomgʻir bir me’yorda ezgʻilab yogʻib turar, ular kir bagʻridagi ilon izi, mayin shagʻalli soʻqmoqdan kelishardi.

Nihoyat qishlok chekkasidagi avtobus burilib toʻxtaydigan keng yalanglik-bekatga yetib kelishdi. Bu yer boʻm-boʻsh, hatto bironta odam ham yoʻq edi.

Yigit soatiga qaradi. «Vaqt yaqinlashib qopti» deb qoʻydi ichida. Ertalab haydovchi, bemalol dam olaveringlar, soat oltida soʻnggi reys boʻladi, oʻshanda oʻzim olib ketaman, degandi.

Mashina kelavermadi. Yomgʻir avjga minib, badanni junjiktiradigan sovuq shabada esa boshladi. Bekat qishloqning ancha yuqori qismida, yaydoq tepalikka joylashgan, atrofda biron pana joy yoʻq edi. Faqat bir yoni maydonga kelib tutashgan pastliqdagi tomorqaning narigi etagada qalin daraxtlar ichiga koʻmilgan hovli koʻzga tashlanar, garchi xali gʻira-shira tushishga ancha vaqt bor boʻlsa ham, u yerdagi ayvon shipida charaqlab yonib turgan elektr chirogʻi negadir odamning diqqatini oʻziga tortardi.

Rustam bundoq yoniga oʻgirilib, qunishganicha oʻsha yoqqa qarab turgan qiziga, soʻngra xotiniga koʻzi tushdi. Nazarida bolasi sovqotayotganday tuyuldi.
— Yuringlar, sizlarni oʻsha xonadonga tashlab kelaman. Avtobus kelguncha ayvonida oʻtirib turasizlar! — dedi-da, qizini bagʻriga bosib, chetan devor boʻylab keta boshladi...

Gʻulomjon Ungur etagidagi yangi tokzorda ishlayotgan kolxozchilarga qozon-tovoq, choy qaynatadigan bak yana har-xil ashqol-dashqollar olib ketayotgan edi. Ayiqtepa yonbagʻrida uchta sayrchiga koʻzi tushdi. Bir erkak bilan ayol yosh qizchani oʻrtaga olib, lolalarga koʻmilib oʻtirishardi. Qizaloq qoʻlini osmonga silkitib nimalardir dedi, ammo yigit traktorning shovqinida hech narsa eshitmadi...

Peshinga borganda havo toʻsatdan oʻzgardi. Charaqlab turgan quyosh nurlari koʻzdan qochdi. Olis togʻ choʻqqilari osha bostirib kelgan qop-qora bulutlar koʻk yuziga parda tashladi. Soʻngra jala boshlandi.

Gʻulomjon ming azob bilan tor, qiyalama yoʻllardan oʻtib qishloqqa kirib kelganida atrofga qorongʻilik oralab qolgandi. Hovli etagidagi olmazor yoqalab oquvchi Pskom quturib pishqirar, toʻlqinlari koʻkka sapchirdi.

U traktorni katta yongʻoqqa tirab toʻxtatdi, kabinadan sakrab tusharkan, daryo tomonga koʻz tashladi-da, koʻpdan buyon bunaqa yogʻingarchilik boʻlmagandi, degan fikr kechdi xayolidan.

Kech tushgan sari xavotiri oshib borayotgan Xosiyatxon eri kelganligini bilib, bir oz tinchlandi. Qozon ostidan olovni tortib, tashqari ayvon yuziga chiqdi:
— Keldingizmi, hormang!

Gʻulomjon xotini yuzidagi sipo-osoyishtalikdan hayron boʻldi:
— Yoʻlda Ismatni koʻrdim, buvimiz yana ogʻirlashib qoptilar. Nega bormay, bu yerda yuribsan?
— Eshitdim. Uyda mehmonlar bor, tashlab ketolmadim.

Buvi — Xosiyatxonning onasi. Kuzdan buyon qattiq betob boʻlib, bir oyoq-qoʻli ishlamay yotar, ayniqsa keyingi oy davomida ahvoli xiyla tanglashib qolgandi.

Gʻulomjon xotiniga, ovqatingni suz-da, keyin u hovliga bor, deb mehmonlar oʻtirgan xonaga yoʻnaldi.

«Salom amaki!» Dahlizdan kiraverishdagi eshik qanotiga suyanib turgan jajjigina mexmonning qoʻngʻiroqday ovozi yigit diqqatini oʻziga qaratdi.
— Vaaleykum assalom! Aqlli, yaxshi qiz ekansan.

Toʻrda oʻtirgan barvasta yigit bilan xushroʻygina juvon oʻrinlaridan turib Gʻulomjonga peshvoz chiqishdi.
— Uyingizga mehmon boʻlib keldik, — dedi ayol mezbonga yaqinroq turganidanmi, birinchi gap boshlab.
— Juda yaxshi-da, kennoyi, odam bor joyga odam keladi. Qalay zerikmasdan oʻtiribsizlarmi? — Gʻulomjon erkak tomon oʻgirildi.
— Bu yerni oʻzimizniki qilib oldik. Televizor koʻryapmiz. Dasturxon toʻkin. Qani avval tanishib qoʻyaylik brat. Mening otim Rustam.

Gʻulomjon Rustamning qoʻlini olarkan oʻzini tanitdi.

Hammalari oʻtirishdi. Oraga biroz nokulay jimlik choʻkib, uni ayol buzdi:
— Boya ertalab traktor haydab ketayotgan sizmidingiz?
— Ha, men edim, sizlarga koʻzim tushgandi, — mezbon yigit tomon oʻgirildi. — Xush koʻrdik, aka!
— Rahmat-rahmat.
— Bir aylanib kelaylik debsizlarda.
— Ha, lola sayli qilib chiqqandik, qaytib ketolmay deng, mana shunday sizlarga kutilmagan mehmon boʻlib qoldik!
— Mehmon mana shunisi bilan qiziqda!
— Avtobus deng, bu tomonga oʻtolmabdi. Suv osma koʻprikka tegay deb oqayotganmish. Bu, sizlarda har doim shunaqa toshqin boʻlib turadimi?
— Anchadan beri munaqa yogʻmagandi.
— Ishqilib ertaga avtobus kelsin-da. Yana qolib ketmaylik. Bir nozik ogʻaynimizni yurugʻi bor edi...
— Koʻnglingiz toʻq boʻlaversin, ertalab avtobus albatta keladi. Suv hademay pasayadi. Bu yerning sharoiti shu, har kancha jala yogʻsa ham ikki-uch soatdan keyin hech narsa boʻlmaganday turaveradi.

Xosiyatxon toʻlatib osh bosilgan lagan koʻtarib kirib, dasturxonga qoʻydi. Choy keltirdi. Shundan keyin boshqa koʻrinmadi...

Mehmonlar birinchi keladigan avtobusga ilinish maqsadida barvaqtroq turishmoqchi edi. Ammo togʻ havosi elitdimi yoki charchashgan ekanmi, allamahalgacha bosh koʻtarmay uxlashdi.

Rustam koʻzini ochganda uy ichi yorishib ketgan, deraza koʻzlaridan lovullab quyosh nuri yogʻilib turardi. U shoshib, xotinini uygʻotdi va tez kiyina boshladi.

Tashqariga chiqib osmonga koʻz tikdi-da, hayratdan yoqa ushladi. Gʻulomjonning kechagi gapida jon bor edi. Yarim kechgacha quyib chiqqan sharros yomgʻir, osmonni qoplab yotgan pagʻa-pagʻa bulutlardan endi nom-nishon yoʻk; tip-tiniq koʻk yuzidan terak boʻyi koʻtarilib qolgan quyosh hammaeqqa oʻz selini yogʻdirib turardi. Rustam xuzur qilib kerishdi, keyin oʻpkasini toʻldirib nafas oldi.

Shu payt soʻritok ostiga oʻrnatilgan soʻriga koʻzi tushdi. Unga toʻkin dasturxon toʻshalgan boʻlib, xontaxta atrofiga koʻrpachalar solingandi.

Birdan mehmonning esiga uy egalari tushdi. U yoq-bu yoqqa qarab ularni izlagan boʻldi. Shu payt yalanglik chetidagi oshxonadan bir kampir chiqib keldi-da:
— Yaxshi uxlab turdinglarmi bolam! — deya hol-ahvol soʻragan boʻldi. Keyin yigitdan biron sado chiqingai kutmayoq. — Bemalol oʻtirib choy ichinglar, ovqat ham tayyor. Uy egalari yoʻq ekan deb tortinmanglar. Men ham shu hovlining egasi, sadagʻang ketaylar! — dedi.
— Xola, Gʻulomjonlar ishga ketgan chogʻi. Kampir bir oz tutilib:
— Ha... shunaqa oʻgʻlim, — dedi.
— Bizlaram azonda turmoqchi edigu, uxlab qopmiz, xolajon.
— Hechqisi yoʻq, dam olishga chiqqansizlar, bolam! — kampir dasturxonga yangi damlangan choy keltirib koʻyarkan mehmonning koʻnglini koʻtargan boʻldi.

Tomorqa etagidagi maydonda shaharga qatnaydigan ikkinchi reys avtobus kelib toʻxtadi. Mehmonlar apil-tapil choy ichib, endi ketmasak boʻlmaydi, deb turib olishdi. Kampir qoʻyarda-qoʻymay, ertalabki nasibani tashlab ketmanglar, deb gurunchi tirikroq boʻlsa ham mastavani suzdi.

Rustam qoʻshni kampir orqali uy egalariga koʻpdan-koʻp rahmat aytarkan, yonidan bloknot chiqarib nimalardir yozdi:
— Gʻulomjonga berib qoʻying. Bizning adresimiz shu! Shaharga tushganda albatta kirsin.

Tepalikdagi bekatdan qizgʻish yonboshi koʻrinib turgan avtobus ketma-ket signal berdi.

Mehmonlar unga arang ilinishdi.

Mashina qishloqdan chiqay deganda tezligini pasaytirdi-da, kutilmaganda asfalt yoʻl qiyasiga chiqib toʻxtadi. Shofyor yigit kabinadan pastga tushdi. Keyin salonda oʻtirgan boshqalar ham unga ergashib tusha boshlashdi.

Rustam avval nima gapligini bilmay, u yoq-bu yoqqa alangladi-da, nariroq qir yonbagʻridagi soʻkmoqdan yuqorilab kelayotgan ellik-oltmish chogʻli odam toʻpiga, soʻngra ular oʻrtasidagi lapanglab borayotgan qizil duxoba yopilgan tobutga koʻzi tushdi. Yonida oʻtirgan xotinining asta tizzasiga turtib, «sizam turing» degan ishorasi uni sergaklantirdi.

Avtobusda besh-olti xotin-xalajdan boshqa hech kim qolmadi.

Mashinadan tushganlar tez-tez yurib, marhumni olib ketayotgan odamlar toʻpiga qoʻshilishdi-da, tobutni yelkama-elka koʻtarib ancha narigacha borishdi.

Rustam ham ikki-uch bor tobut dastagi ostiga yelkasini olib bordi...

Bir payt mosh gurunch soqolli keksa odam Rustamga yaqinroq kelib qulogʻiga shipshiganday dedi:
— Boʻlar, oʻgʻlim. Otangizga rahmat, endi qaytaylik, joyi jannatda boʻlsin! — u yuziga fotiha tortdi.

Mashinadan tushgan kishilarning ayrimlari katta yoʻl boʻyiga allaqachon yetib olishgan, ba’zilari imillab hozirgina yurgan soʻqmoqdan orqaga qayti-shardi.
— Rahmatli ajoyib ayol edi! — deb qoʻydi kutilmaganda haligi qariya boshini ham qilganicha Rustam bilan yonma-yon borarkan. — Eri urushga ketib qaytmadi. Boyaqish yolgʻiz qizi bilan qolgan, Boshqa turmush qurmay butun umryni shu qizga bagʻishlagan. Uni voyaga yetkazdi, turmushga berdi — bir farzandi ikkita boʻldi. Ularning yoniga nabiralar qoʻshildi... Endi armonsiz yashasa boʻladigan bir paytda, qarang-a, oʻlim changal solganini. Oʻzi dunyo shunaqami, deyman, doim biri kam. Gʻulomjon ham yetimlikda oʻsgan, ota-onasi oʻrnini shu ayol bosib turardi.

Rustam boshini keskin koʻtarib hamsuhbatiga qaradi:
— Qaysi Gʻulomjon?
— Darvoqe, siz uni tanimaysiz. Shu yerlik shofyor yigit. Shundoq avtobus qayrilib toʻxtaydigan maydonning pastidagi hovli oʻshaniki.
— Men taniyman u yigitni. Juda yaxshi taniyman. Nahot marhuma uning...
— Ha, marhuma uning qaynonasi edi. Xudo rahmat kilsin!

Rustam miq etmadi. Ertalab yuragi sezganday boʻlgandi. Uning xayolidan yilt etib «Erta-indin vaqt topib, koʻngil soʻrab kelib ketarman», degan fikr oʻtdi.

Hamma oʻz oʻrniga joylashib boʻlgandi. Rustam ham xotini yoniga choʻkib, qizini tizzasiga oldi. Avtobus oʻrnidan koʻzgʻalib, gʻizillaganicha yurib ketdi. Ammo koʻp oʻtmay Pskom daryosiga kurilgan katta koʻprikdan beriroqda toʻxtadi. Uning old eshigi ochilib bir yigit tushib qoldi.

Bu Rustam edi.