OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDamin Jumaqul
Asar nomiGapingizga qoʻshilaman (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Damin Jumaqul
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gapingizga qoʻshilaman (hajviya)
Damin Jumaqul

Tungi diskotekaga oʻxshab toʻs-toʻpolon, shovqin-suronga toʻla toʻy bazmida boshlovchining koʻzidan panaroq joy topib oʻtirdim. Kelin-kuyovni qutlash uchun bazm ishtirokchilaridan biriga soʻz berildi. Soʻzga chiqqan basavlat kishi «oldingi gaplarga qoʻshilaman», deb soʻz boshlagan edi, qarshimdagi yigit xandon otib kulib yubordi. Mening ajablanib qaraganimni sezdi-da, biroz xijolat aralash gap boshladi:
— Oʻzbekning oʻzi qiziq, oʻzidan soʻzi qiziq degani haq gap, aka. Ana shu iborani qiziq odatlarimizni qoʻshib yanada boyitish mumkin, masalan, ergashuvchanlik.
— Shunaqa odatimiz bor ekanmi?
— Ha-da, hozirgina aytilgan «Oldingi gaplarga qoʻshilaman», deya boshlanuvchi gap nimani bildiradi, sizningcha?
— Bilmadim, ehtiyotkorlik yoki soʻzga chechan emaslikdir balki, kim biladi yana...
— Men bilaman, bu tabiatimizdagi tobelik-ergashuvchanlikka yorqin misol boʻla oladi.
— Shu ikki ogʻiz gap-a, koʻproq ichib qoʻymadingizmi, birodar?
— Yoʻq, umuman ichmayman. Fikrimni sizga tushuntirish uchun keling, yaqin kunlarda boshimdan oʻtgan bir-ikki voqeani aytib bera qolay.

Singlimga sovchi keldi. Sovchini choshgoh paytida yopiq eshik ortida qabul qilgan otam uni kuzatgach, bizga kechgacha barchamiz yigʻilishimizni amr etdi. Yangiqishloqqa koʻchib ketgan akalarim, tuman markazida yashaydigan opam, qoʻshni viloyatga kelin boʻlgan singlim, shu orada chuldirashib yurgan ukalarim, singillarim... Xullas, uzoq-yaqindan hamma aka-uka, opa-singillarni yiqquncha jonim hiqildogʻimga keldi.

Shomga borib hovlimiz bolalarning qiy-chuviga toʻldi. Supaning usti bola-baqraga torlik qilgani bois yerga joy qilindi. Kun uzogʻi chopqillashib toliqqan bolalarning ba’zilari dasturxonga osh tortilguncha, boshqalari esa oshdan keyinoq uxlab qolishdi. Hech qancha vaqt oʻtmay, shovqin-suronga toʻla hovli tinchidi-qoldi. Ayni shuni kutib turgan otam yonboshlab oʻtirgan bolishdan oʻmganini uzdi-da, tomogʻini bir qirib olib gap boshladi:
— Norqizilning uliga Ozodani soʻrab kelishibdi. Nima deysilar, menga qolsa, berguday royim bor. Norqizil bama’ni odam, bolalarini ham esli-hushli, deb eshitaman. Ayniqsa, shunisining topish-tutishi yaxshi emish. Toshkandda savdo qiladi, deydi. Choynakdaygina bir bola koʻk «Tiko» minib u yoq-bu yoqqa oʻtib qoladi, shu emasmi?
— Choynakdaygina boʻlgani bilan qip-qizil tentak u. Bir oʻchakishgan odam undan oʻlib qutulmasa, qutulmaydi, — dedim. Otam e’tiroz bildirdi:
— Gapning bismillosini birovning kamchiligidan boshlamang, jahli yomon boʻlsa, yomondir. Jahlsiz erkak erkakmi? Ana qarang, shu boladan ikki-uch barobar kelbatli yigitlarning nechovi pochtaning oldida qari otasi yo enasining nafaqasini kutib ertadan kechgacha qarta oʻynab yotishibdi. Singlingizni shu nonxoʻrlardan biriga bersak, koʻnglingiz toʻladimi?

Otamning odatlari shunaqa: birovga tanbeh bermoqchi boʻlsa, uni «sizlab» boshlaydi. Biroq gapning toʻgʻrisini aytgandim. Norqizil akaning oʻsha oʻgʻlini yomon koʻraman. Uning Toshkentda nima ish qilib yurganini ham eshitganman. «Ey, shunday qilib pul topgandan koʻra och yurgan yaxshi» demoqqa ogʻiz juftlagan edim hamki, katta akam gap boshlab qoldi:
— Ha, endi, turmush deganlari nozik masala, shu Ozodaning oʻzidan ham bir ogʻiz soʻragan ma’qulmikan, deyman.
— Undan soʻrash shart emas, soʻrasang, oʻqishga kiraman deydi. Qishloqda diplomlilar ozmi, koʻpi bekorchi, bitta domullo Haydar togʻang boʻlsa, yoz boʻyi odamlarning loyhandagidan chiqmaydi.
— Gaplaringiz toʻppa-toʻgʻri, otajon, sizning aytganlaringizga yuz foiz qoʻshilaman. Yaxshi joydan joy chiqdimi, oʻrab-chirmab uzatib, qutulish kerak qiz boladan, — dedi did bilan tarvuz tilimlayotgan oʻrtancha akam qoʻlidagi pichoqni yuziga yaqinlashtirib. Shu topda koʻzimga akamning qoʻlida koʻtarilgan pichoq uzun bokalga oʻxshab koʻrindi. Gaplari esa xuddi qadah soʻzining oʻzginasi. «Qoyil, toʻylardagi boshlovchilikning nuqsi uribdi», deb qoʻydim, gaplaridan ijirgʻanib. Keyin gapga ayollar qoʻshildi. Otam onamdan boshlab qizlari, kelinlarning ham fikrini eshitdi. Mashvarat soʻngiga borib otamdan boshqa hamma Norqizil aka bilan quda boʻlishga qarshi chiqdi. Tortishuv jarayonida oʻrtancha akam ham biz tarafga ogʻib ketdi.

Oilaviy majlis otamning qat’iyat bilan «Boʻldi, sovchilarga toʻyni olib kelaveringlar, deb aytamiz, tamom», degan jumlasi bilan yakunlandi.

Mehmonlarni kuzatayotganda katta akamga «Bu yigʻinning nima keragi bor edi, hayronman, otamning oʻzlari javobini berib yuboraversa boʻlar ekan-ku, kimning fikri inobatga olindi?», dedim ensam qotib. Opichlab olgan oʻgʻlini mashinaning orqa oʻrindigʻiga ohista yotqizgan katta akam miyigʻida kulib: «Bu ham bir gap-da, uka, nima sen rostdan maslahatlashamiz, deb oʻylaganmiding? Ey, Sobirboy, oʻzingdan katta bir narsa desa, gapingizga qoʻshilaman, deb turaver, baribir sening fikring hech kimni qiziqtirmaydi», dedi.

Saylovda ham shunday boʻldi. Nomzodlarning biri tumandagi amaldorlardan edi. Saylovoldi uchrashuvining dastlabkisi bizning uchastkada oʻtdi. Nomzodning ishonchli vakili uni shunday sifatlar bilan ta’rifladiki, aytishicha, nafaqat tuman, balki butun viloyatda amalga oshirilgan ishlarning tashabbuskori, faol ishtirokchisi shu kishi ekan. Qarshi tarafdan bir kishi soʻzga chiqdi: «Hamma ishni bu akam bajarayotgan boʻlsalar, boshqalar nima ish bilan mashgʻul?», deb soʻz boshlagan edi, saylovchilar qarsak chalib uni olqishlab yuborishdi. Bundan ruhlangan notiq amaldorning avra-astarini agʻdarib tanqid qildi. Saylovchilar uni damba-dam olqishlab turdi. Buni koʻrib «Endi uni hech kim qoʻllab-quvvatlamasa kerak», deb xayol surib turuvdim, tumandagi yirik tashkilot rahbarlaridan biri soʻzga chiqib, amaldor doʻstining noyob xislatlari, tashkilotchilik qobiliyati, qoʻl ostidagi xodimlariga mehribonligi, qabuliga kelgan odam albatta undan xursand boʻlib ketishi haqida lof urdi, keyin hammani uning nomzodiga ovoz berishga chaqirdi. Moʻ‘jizani qarangki, ommaning fikri birdaniga oʻzgardi. Amaldorning qabuliga oylab kirolmay yurgan kishilar ham uning nomzodini qoʻllab ovoz beramizga tushib ketishdi. Shundan keyin men saylovga qadar boʻlib oʻtadigan barcha uchrashuvlarda qatnashishga qaror qildim. Boshqa uchrashuvlar ham deyarli shu yoʻsinda oʻtdi. Saylovchilar dam u tomonga ogʻib ketadi, dam bu tomonga. Uchrashuv tugab, uylariga qaytishayotganda esa nomzoddan noroziligini bir-birlariga izhor qilishadi. Natija nima boʻldi? Oʻsha amaldor deputatlikka saylandi.

Ishxonada kasaba uyushmasi raisiman. Bir kuni boshliq chaqirdi. Hol-ahvol soʻrashgach, maqsadga oʻtdi.
— Yangi yil bayrami oldidan birorta jonkuyar, mehnatkash xodimimizni mukofotlasak, kasaba uyushmasi raisisiz, korxona xodimlarini yaxshi bilasiz. Shuning uchun mukofotga kimni tavsiya etish masalasida siz bilan maslahatlashib olsak, degandim.
— Oʻzingiz biror kishini moʻljallayapsizmi?
— Shu-u, kadrlar boʻlimining boshligʻi Malikaxonni oʻylab turibman-da, — deya koʻzoynagi tagidan ayyorona nigohini menga tikib gap boshladi direktor,— bevosita ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etmasa ham, har holda yosh, intizomli, oʻsadigan qiz, nima deysiz?
— Malika yomon xodim emas-ku, menga qolsa, mukofotni Abduvali akaga bergan ma’qul. Korxonamizga koʻp mehnati singgan qoʻli gul usta. Qolaversa, hozirgi kunda u nafaqat korxonamizda, viloyat boʻyicha birinchi raqamli payvandchi hisoblanadi.
— Ha-a, fikringiz yomon emas, tushlikdan keyin hisobchi bilan kiring, uchalamiz yana maslahatlashamiz, xoʻpmi?

Peshinda uchalamiz boshliqning xonasida yigʻildik.
— Halimaxon, bayram oldidan birorta xodimimizni xursand qilaylik, deb maslahatlashuvdik. Mukofotga men Malikaxonni, «profsoyuz» Abduvali akani tavsiya etayapti, sizda ham birorta nomzod bormi? Balki hammamizga ma’qul sovrindorni siz toparsiz, — deya hisobchiga ma’noli qarash qildi boshliq.
— Voy, men nima derdim, Sunnat Vohidovich, siz Malikaxonni aytgan boʻlsangiz, qoʻshilaman, Malika har kuni keladi ishga, — deb nozlandi Halimaxon. Bosh hisobchining bunchalar uquvsizlik bilan xol qoʻyganidan boshliq nafratlanib ketdi. Ammo ovoz yigʻish borasida ustunlikka erishdi.

Keyin bu savobli ishni qonuniy kuchga kiritish uchun majlis chaqirilib, bayonnoma tuzildi. Majlisda hamma sehrlangandek, Malikani maqtay ketdi. Ularning gaplariga quloq solib oʻtirib, «Yaxshiyam, Malikaxon bor ekan, boʻlmasa, korxonamiz allaqachon yopilib ketarmidi», — deb kesatdim. Ammo kinoyam havoda qoldi, hech kim e’tibor qilmadi.

Yangi yil — oilaviy bayram. Shu bois sinfdoshlar kunduzi yigʻilishdik. Uzun-qisqa, oriq-semiz, toʻrtburchak-uchburchak shishalar oldin-keyin ochilib, ketma-ket qadah soʻzlari aytildi. Sinfdoshlarimning poyma-poy, bir bogʻdan, bir togʻdan kelib aytayotgan qadah soʻzlarini tinglar ekanman, bot-bot ularning «Oldingi gaplarga qoʻshilaman», deganlari qulogʻimga chalinar edi. Shunda oʻzimcha oʻyladim. Bu nima degani? Nahotki, shu davrada yigʻilganlarning aksariyati oʻz soʻziga ega boʻlmasa. Tengdoshlarim hech qanday qaror qabul qilmaydigan quvnoq davrada nega bunchalar ehtiyotkorlik qilishayapti. Bu bechoralar jiddiyroq yigʻinlarda nima qilishar ekan? Yo shularning bilgani toʻgʻrimikan? Toʻgʻrida, sen oʻz ovozingga ega boʻlib qayerda, nimaga erishding, deya oʻylab qoldim. Soʻz navbati menga kelganda oʻrnimdan turib may toʻla qadahni qoʻlimga oldim-da:
— Hurmatli sinfdoshlarim, mendan oldin aytilgan va keyin aytiladigan yaxshi gaplarning barchasiga qoʻshilaman, — deb gapimni yakunladim. Biroz kutib turdim, qarasam, hech kim yangi gap kutmayapti, hamma oʻzi bilan oʻzi ovora. Demak, soʻz aytishning, yashashning eng yaxshi yoʻli shu ekan, endi har doim «Qoʻshilaman» shioriga amal qilaman, deb oʻzimga oʻzim soʻz berdim.

Hozir qadah soʻzi aytgan kishi moʻ‘jazgina tashkilot rahbari. Uni yaqindan bilaman, bizning tizimda ishlaydi. Rahbarlikka ham xuddi qadah soʻzidagidek, «Hurmatli akaxonimiz falonchi pistonchiyevichning gaplariga qoʻshilamiz», deb soʻzga chiqaverib erishdi. Keyin nima boʻldi, bilasizmi? Keyin u qoʻl ostidagi xodimlaridan oʻzining gapiga qoʻshilishni talab qildi. Ularning orasida ham menga oʻxshagan sodda qaysarlar bor ekan, chogʻi. Bir nechtasi uning gapiga qoʻshilmay ishdan boʻshab ketdi. U bechoralarning soddaligi shundaki, «har bir inson oʻz fikriga ega boʻlishi kerak», deb oʻylashadi. Marhamat, oʻz fikringga ega boʻlaver, lekin oʻzingdan katta bir narsa deganda gapiga qoʻshilib qoʻy. Axir qoʻshilish-ergashish milliy taomilimiz.

Uning gaplarini maroq bilan tinglayotgan edim, boshlovchiga qoʻli bilan meni koʻrsatib nimadir deyayotgan toʻy egasiga koʻzim tushib qoldi. Suhbatdoshimga «Men hozir kelaman», dedim-u astagina sirgʻalib chiqib toʻyxonani tark etdim. Chunki mening ham oldingi gaplarga qoʻshiladigan odatim bor.