OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Deymon Ranon. Hazilkash (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDeymon Ranon
Asar nomiHazilkash (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Deymon Ranon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonDilshodbek Asqarov
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/07/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hazilkash (hikoya)
Deymon Ranon

Chap oyogʻimda kutilmaganda dahshatli ogʻriqni his qilgan paytimda Brodveydagi Mindi restoranida edim. Ogʻriqqa chidolmay oʻrnimdan sakrab turdim va boloxonador qilib soʻkindim.

Menga «parovozcha» oʻrnatishganini va shu atrofda hazilkash Jo-turli hazillar ustasi turganligini sezdim.

«Parovozcha» nimaligini bilmoqchimisiz? Restoranga kirgan odamning poyabzali ustiga gugurt chaqib qoʻyasiz. Shu zahoti hammani kuldiradigan voqea boshlanadi.

Hazilkash Jo bu borada ustasi farang boʻlib ketgan. U «qurboni» yoniga shunday sezdirmasdan keladiki, qasam ichib aytishim mumkin: Jo hatto sichqonning oyogʻiga ham «parovozcha» qoʻya oladi, albatta sichqonning poyabzali boʻlsa. Agar birortasi ortiqcha jahlga minsa ham u vaziyatdan chiqib keta oladi. Qimmatbaho poyabzal kiyganlar esa tez-tez u bilan jiqillashib turishadi.

Ammo Joga kimning qanaqa poyabzalda kirganligining farqi yoʻq. Bir kuni u shaxsan qaysar Frenkiga «parovozcha» qoʻyganida koʻpchilikning koʻnglidan bir fikr oʻtdi: bu yaxshilikka olib kelmaydi.

...Qaysar Frenki Bruklinda yashaydi, u bu yerda anchagina hurmatli odam. Har qalay unga bunaqa hazillarni qilish toʻgʻri kelmaydi. Buning ustiga Frenkida hazil tuygʻusidan asar ham yoʻq, uning kulganini hali hech kim eshitmagan. Frenki Brodveyda bronkslik allaqanday kishilar bilan gaplashib turganida Jo unga «parovozcha» uyushtirdi. Albatta u kulgani yoʻq, aksincha, Joga qahr bilan tikildi va italyanchalab nimadir dedi.

Qaysar Frenkining haqiqiy familiyasi italyancha, Ferochcho deganga oʻxshash boʻlib, uni asli sitsiliyalik deb eshitgandim. U Bruklinda anchadan buyon yashaydi. Frenki ishni mayda sotuvchilikdan boshlagan boʻlib, hozir yirik savdogarga aylangandi. Uning yoshi oʻttizdan oʻtgan, sochlari qop-qora, nigohi kishiga oʻtkir boqardi.

Hech kim u haqda bundan ortiq narsa bilmaydi.

Jo unga hazil qilganida men gʻalati boʻlib ketdim. Nazarimda, Frenki bu hazilni haqorat deb tushungan va butun Garlemdagilarga oʻchakishib qolgandi.

Joga haddidan oshib ketganligini aytishganida esa u kulib qoʻygandi, xolos. Frenkida hazil tuygʻusining yoʻqligi Joning aybi emas ekan. U qulay payt kelsa bu hazilini yana takrorlashini ham qistirib oʻtgandi...

Men haq boʻlib chiqdim: yonimda hazilkash Jo turar va qornini changallagancha kulardi. Eng yomoni, unga qoʻshilib bir guruh bekorchilar ham kulishar, Jo atrofda hech kim yoʻqligida hazil qilmasdi.

U bilan koʻrishgani qoʻl uzatdim. Shu zahoti yana gumburlagan kulgi ovozlari yangradi, Joning men bilan soʻrashgan qoʻlida yumshoq va yopishqoq pishloq boʻlagi bor ekan.

Oʻlganimning kunidan iljaydim. Jo qoʻlidagi pishloq qoldigʻini restoran burchagida turgan mashina oynasiga artganida esa chin koʻngildan xoxoladim.

Jodan akasi ikkoviga tegishli pivoxonada ishlar qanday ketayotganligini soʻradim. U ishlar joyida ekanligini aytdi. Keyin esa uning xotini va mening eski tanishim Roza haqida soʻradim: uni «Xot Boks» barida qoʻshiq aytgan paytidan beri bilardim.

Roza haqidagi savolimni eshitgan Jo xitob qildi:

-Bergan savolingni qara-yu! Eshitmadingmi? U meni tashlab qaysar Frenki bilan topishib olganiga ikki oy boʻldi. Hozir u Bruklinda, Frenkiga yaqin joyda yashayapti.

Shu payt u qornini changallagancha kula boshladi. Nihoyat u kulgidan toʻxtadi va men undan buning nimasi kulgili ekanini soʻradim.

-Nega kulgili boʻlmasin,-dedi Jo.-Bu makaronchi Rozaga qancha pul sarflashi kerakligini bilganida qanaqa ahvolga tushishini tasavvur qilyapman. Toʻgʻri, Frenkining Bruklinda biznesi bor, ammo Roza uni tashlab ketmasligi uchun ancha pul sarflashiga toʻgʻri keladi.

U shunday vaziyatda ham hazil tuygʻusini yoʻqotmaganligi meni hayron qoldirdi.

Ma’lum boʻlishicha, qaysar Frenki Rozani u erga tegishidan oldin ham yaxshi tanigan. U tez-tez «Xot Boks» bariga kelib turgan va hatto Roza erga tekkanidan keyin ham u bilan ba’zan uchrashib turgan. Frenkining biznesdagi ishlari yurishib ketgach esa ular kunora koʻrisha boshlashgan. Jo albatta bu haqda bilmagan. Uning oʻsha paytlarda ishi orqaga ketgan va xotiniga u xohlagan hamma narsani sotib olib berishga qurbi yetmagan. Roza esa oʻzi istagan narsani olib bermagan erkaklarga toqat qilolmaydi.

Jo qaysar Frenkiga qoʻpol hazil qiladi, Frenki esa Rozani Bruklinga olib ketadi.

-Nima ham derdim,-dedim uning hikoyasini eshitib boʻlgach,-bunaqa gaplarni eshitish yoqimsiz. Senga achinaman...

-Yaxshisi, qaysar Frenkiga achin,-quvnoqlik bilan javob qaytardi Jo.-Agar bu senga kamlik qilsa, Rozaga ham achin.

Nihoyat Jo uyiga ketishga taraddudlandi, ammo avval tamaki doʻkonidagi telefondan Mindi restoraniga qoʻngʻiroq qildi. U ayollar ovozi bilan Peggi Joys ekanligini, qaysidir bir manzilga toʻy marosimi uchun olti yuz dona buterbrodga buyurtma bermoqchiligini aytdi. Albatta, unday manzilning oʻzi yoʻq, boʻlgan taqdirda ham hech kim uncha buterbrodga pul toʻlashni istamaydi.

Keyin Jo mashinasiga oʻtirdi va uyiga joʻnadi.

Bir necha kundan keyin Bruklinda Joning pivoxonasida ishlaydigan ikki yigitning qopga solingan jasadi topilganini gazetada oʻqib qoldim. Politsiyadagilar ular qaysar Frenkining biznesiga xalaqit berishga urinishganini aytishardi. Ammo birorta ham politsiyachi ularni Frenki oʻldirganini ta’kidlay olmasdi. Chunki bunga hech qanday dalil yoʻq edi.

Qop bilan bogʻliq voqea shunchaki ish emas, bunga mahorat kerak. Odamni qopga tiqish uchun avval uni uxlatish kerak, axir qaysi ahmoq qopga oʻzi tushadi. Buning uchun uyqu dori berish kerak deyishadi, ammo haqiqiy mutaxassislarning fikricha, qopga solmoqchi boʻlgan odamingning boshiga toʻqmoq bilan yaxshilab tushirish kifoya.

Xullas, odamning boʻyniga sirtmoq solishadi va arqonning bir uchini tizzalari orqasidan oʻtkazib bogʻlashadi. Uni shu holatda qopga tiqishadi va biror joyga tashlab ketishadi. Bechora oʻziga kelgach, qopdan chiqishga urinadi. U bukilgan tizzalarini toʻgʻrilamoqchi boʻladi va boʻynidagi sirtmoq tortilib, bir ozdan keyin boʻgʻilib oʻladi.

Ikki kundan keyin Klinton-stritda sayr qilib yurgan ikki bruklinlikni noma’lum shaxslar boʻgʻib oʻldirishganini eshitdim. Aytishlaricha, oʻlganlar qaysar Frenkining doʻstlari, ularni oʻldirganlar esa garlemliklar ekan.

Tez orada Bruklinda gʻalati voqealar yuz berayotganini tushundim. Bir haftadan keyin u yerda qopga solingan yana bir jasad topildi. Bu safargi qurbon hazilkash Joning akasi Freddi edi.

Ish shunga borib yetdiki, bruklinliklar kartoshka solingan qopni oʻzlari ochgani qoʻrqib qolishdi va buning uchun politsiya chaqiradigan boʻlishdi.

Bir kuni kechqurun hazilkash Joni koʻrib qoldim. Bu safar u yolgʻiz oʻzi oʻtirardi va uning nimadandir tashvishda ekanligini koʻrib xalaqit bergim kelmadi. Uning yonidan oʻtib ketmoqchi edim, qoʻlimdan tutib toʻxtatdi. Unga akasining oʻlimi sababli ta’ziya bildirdim.

-Nima deyishmasin, Freddi ahmoqlik qildi,-dedi Jo.-Roza uni Bruklinga taklif qilgan. U Freddidan meni Roza bilan rasman ajrashishga unatishni soʻramoqchi boʻlgan. Bechora akam Roza ikkimizni yarashtirmoqchi boʻlgandi, buning oʻrniga qopga solindi. Uni Rozanikidan qaytayotganida ushlashgan. Bunda Rozaning ham qoʻli bor deyolmayman, ammo akam uning aybi bilan oʻldi.

Jo kuldi, ammo uning kulgisi menga gʻalati tuyuldi. Jo gapini davom ettirdi:

-Men qaysar Frenkiga zoʻr hazil qilmoqchiman.

-Yoʻq, Jo,-dedim men.-Yaxshisi, uni unut. Unda hazil tuygʻusi yoʻq.

-E yoʻq,-e’tiroz bildirdi Jo,-mendan Rozani tortib olishga hazil tuygʻusi boʻldi-yu. Eshitishimcha, u Rozani qattiq sevarkan. Men zoʻr hazil tayyorlab qoʻyganman-Frenkining oldiga qopda oʻzim boraman.

Uning nimani moʻljallaganini tushunmadim.

-Sent-luislik ogʻaynim qaysar Frenkining qoplar bilan bogʻliq buyurtmalarini bajaradi. Uning ismi Roups Makgonigl. U Freddi mening akam ekanligini eshitib gʻazabga mindi va Frenkiga hazil qilishimda yordam bermoqchi. Kecha Frenki Roupsni uyiga chaqirgan va meni qopga solib uning oldiga olib kelishini soʻragan. U Rozadan akamning nima deganini eshitgan. Men akamga u bilan hech qachon ajrashmasligimni aytgandim. Xullas, Roups menga hamma gapni aytib berdi va men uni yana Frenkining oldiga joʻnatib yubordim. Men ertaga kechqurun Bruklinda boʻlaman va Roups meni qiynalmasdan qopga joylaydi.

-Qaysar Frenkining oldiga qopda borishdan xavfliroq narsa boʻlmasa kerak,-dedim.-Bu qanaqa hazil ekanligiga tushunmadim.

-Nimasini tushunmaysan!-xitob qildi Jo.-Hazilim shuki, men qopda qoʻl-oyogʻim bogʻliq holda boʻlmayman va ikkala qoʻlimda toʻpponcha boʻladi. Qopni ochganida roʻparasida toʻpponcha bilan men paydo boʻlsam Frenki qanday ahvolga tushishini koʻz oldingga keltirib koʻr.

Haqiqatan ham Jo ikkita toʻpponcha ushlab qaysar Frenkining oldida paydo boʻlganida uning qanday taajjubga tushishini tasavvur qilsa boʻladi.

-Aytgancha,-dedi Jo,-Roups Makgonigl ham har ehtimolga qarshi oʻsha yerda boʻladi.

Jo ketdi, men boʻlsam uning qop ichidan toʻpponcha bilan chiqishini tasavvur qilib iljaydim.

Shundan keyin Jo bilan uchrashmadim, ammo bu voqea nima bilan tugaganini aytib berishdi.

Roups keltirgan qopni qaysar Frenkining oʻzi yertoʻlaga olib tushibdi. U yonidan toʻpponcha olib Jo yotgan qopni ochib oʻtirmasdan unga qarata oltita oʻq uzibdi.

Aytishlaricha, yertoʻlaga politsiyachilar bostirib kirib uni qotillikda ayblashganida Frenkining koʻzi chanogʻidan chiqib ketay debdi.

Ma’lum boʻlishicha, Roupsdan Joning rejasi haqida ma’lumot olgan qaysar Frenki qopdagi qurbonini bir yoqli qilmoqchi boʻlgan. Tabiiyki, Roups bu haqda Joga aytgan va u oʻzining hech kimda yoʻq hazilkashlik mahoratini ishga solgan.

Qaysar Frenkiga olib borilgan qopga esa albatta Jo emas, balki oyoq-qoʻli bogʻlangan, ogʻziga latta tiqilgan Roza solingan ekan.

Rus tilidan Dilshodbek Asqarov tarjimasi