OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Dilbar Razzoqova. Armon (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDilbar Razzoqova
Asar nomiArmon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Dilbar Razzoqova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Armon (hikoya)
Dilbar Razzoqova

...«Sharq» tezyurar poezdiga chiqqan yoʻlovchining joni rohatda boʻladi. Toza, ozoda, shinam kupelarda barcha qulayliklar muhayyo. Safarga chiqqanlar oʻzaro suhbatlashib, manziliga qanday yetib borganini ham sezmay qolishadi.

Yonimdagi hamrohim – oʻrta yoshli, koʻzlari ma’yus ayol avvaliga bir soʻz demay vagonning oynasidan olislarga boqqanicha xayollarga berilib ketaverdi.

Yoʻlovchilarga xizmat qiluvchi qizlarning choy va shirinliklar ulashganlari suhbatimizning boshlanishiga sabab boʻldi.

– Kattaroq oʻgʻillaringiz bormi, opa, mana bu qizlar juda ajoyib ekan-a! Kelin qilsangiz bormi! – deya gap boshladim men.

– Ha-ya, – deb qoʻydi hamrohim.

– Ammo hozirgi yoshlarga kelin topib boʻladimi, opajon, oʻzlari topishishsa-ku, bir navi! Onam rahmatli aytganlaridek, bolalarning boʻyini oʻstirarkansiz-u, koʻnglini topolmas ekansiz...

Bu gapdan soʻng hamrohimni nimadir bezovta qilayotganligi shundoqqina sezilib qoldi. Biroq ilk bor koʻrgan odamingdan «Nima, biror gap boʻldimi?» deb soʻrash noqulay boʻlganligi uchun indamadim. Ammo oradagi jimlik uzoqqa choʻzilmadi. Opa toʻlib turgan ekan...

– ...Inson, uning ichki dunyosi shunchalar ham murakkab bir tilsim ekanki, bu tilsimni anglab yetdim, degan kishi xato qilarkan, – hamrohim sekingina uh tortib qoʻydi-yu, gapini davom ettirdi: – Men turmush oʻrtogʻim bilan uch yil gaplashib yurib, soʻng oila qurganmiz. Toʻyimizga ham, mana chorak asr boʻlay deyapti. Ammo men u kishini yaxshi bilmasligimni yaqindagina anglab yetdim.

Besh nafar farzandimiz bor: uch oʻgʻil, ikki qiz. Xudoga shukr, oʻgʻillarim katta boʻlib qolishgan. Ikki oʻgʻlim Toshkentda tahsil olishadi. Hozir ularni koʻrgani ketyapman. Afsuski, bu galgi borishim oʻgʻillarimni xursand qilmaydi-da. Shuning uchun ham koʻnglim biram gʻashki…

– Unday demang. Dunyoda ona diydoridan ham ustun nima bor oʻzi? – deya koʻnglini koʻtarmoqchi boʻlaman suhbatdoshimning.

– Aslida shundayku-ya, ammo... – opaning koʻzlarida yosh yiltilladi. Na dardini aytishni, na aytmaslikni bilmay qolgandek, yana deraza tomonga tikildi. Soʻng bir hoʻplam choy ichdi-da, gapini davom ettirdi: – Oʻgʻillarimni juda yaxshi koʻraman. Ular uchun jonimni ham berishga tayyorman. Ular ham men bilan ochiqchasiga gaplashishadi. Ular bir gal Toshkentdan uyga kelishganida yaxshi koʻrgan qizlari borligiga shama qilishdi, ammo men gapni boshqa yoqqa burib yubordim. Yana shu haqda ogʻiz ochishganida «Bunday gaplarni aytishga hali yoshlik qilasizlar. Kelinlarni biz oʻzimiz topamiz. Sizlar ovora boʻlmay qoʻyaqolinglar», deb qoʻya qoldim.

Ammo oʻgʻillarim yaqinda qishki ta’tilga kelganlarida masalani koʻndalang qoʻyishib, oxirgi kursda oʻqiyotganliklari uchun hech boʻlmasa fotiha qilib qoʻyishimizni talab qilib qolishdi. Shundan soʻnggina ulardan topgan qizlari haqida soʻrab-surishtirishga majbur boʻldim. Eshitganlarimni dadasiga oqizmay-tomizmay aytib berdim. Dadasi jahl bilan:

– Xoʻsh, sen ularga nima deding? – deb qoldi.

– Nima ham derdim. Dadang bilan maslahatlashib, keyin biror fikr aytamiz, deb qutuldim, – dedim.

– Unday boʻlsa ularga aytginki, men bunga mutlaqo qarshiman. Yoʻq, yaxshisi ularni bu yoqqa chaqir. Oʻzim ularga hammasini tushuntirib qoʻyaman. Sen esa tush-likka biror narsa tayyorlayver, – dedi erim.

Shunday qilib, oʻgʻillarim ota oʻtirgan uyga kirib ketishdi. Men esa ovqat tayyorlayapman-u, xayolim ichkarida.

«Ishqilib dadasi ularni qattiq ranjitmasin-da. Hozirgi yoshlar biram oʻt-olovki, biror maslahat berishga ham qoʻrqasan kishi», deb oʻylardim oʻzimcha.

Ovqatga kerakli masalliqlarni olish uchun balkonga chiqishga toʻgʻri keldi. Zal yonidan oʻtayotganim mahal qiya ochiq eshikdan dadasining oʻgʻillarimga aytayotgan zardali gaplari qulogʻimga chalinib qoldi:

– Oʻzing oʻylab koʻr, axir sen topgan qizning otasi yoʻq boʻlsa. Oilasi katta, uning ustiga onasi ham nogiron boʻlsa. Seniki esa oddiy oʻqituvchining qizi ekan. Bir bundoq oʻylab koʻringlar! Ertaga senlarni kim himoya qiladi. Kim senlarni qoʻllab-quvvatlaydi?!

– Axir oʻzingiz ham koʻp bolali, oddiy ishchining qizi boʻlgan onamga uylangansiz-ku. Nima, siz baxtli emasmisiz? – hech qachon otasining yuziga tik boqmagan toʻngʻichim juda ham asabiylashganidanmi, shunday deb qoldi.

Buni kutmagan otasi zardali ohangda oʻshqirib berdi:

– E-ha, senlarni qaranglar-a. Hali sizlar menga gap qaytaradigan boʻlib qoldinglarmi. Shuncha katta boʻlib qolibsizlar-u, sezmay ham qolibman-a. Bilmasangiz bilib qoʻyinglar. Mening bugungi holatga tushib, ishdan boʻshab, uyda oʻtirib qolishimga aynan onangizga uylanib, xato qilganligim sabab boʻlgan, desam ishonmaysizlar-a, toʻgʻrimi? Aslida esa xuddi shunday. Nega, deb soʻrasang ham kerak. Shundaymi?! – Erim borgan sari asabiylashib borardi. – Mana, masalan, men bilan birga oʻqigan kursdoshlarim mansabdor, qoʻlini qayoqqa uzatsa yetadigan kishilarning qiziga uylanganliklari uchun ham bugungi kunda yuqori lavozimlarda, boy-badavlat hayot kechirishmoqda. Meni esa hatto oddiy ishimdan ham chetlashtirishdi tirgovuchim yoʻqligi uchun! Agar mening ham qaynotam biror mansabdor kishi boʻlganida bormi, men hozir…

Eshitganlarim shu boʻldi. Birdan boshim gangib, koʻzim tinib ketayotganini sezdim...

Oʻsha kundan buyon sira-sira oʻzimga kelolmayman. Nahotki menga uylanganligi tufayli turmush oʻrtogʻim bir umr armon bilan yashab kelayotgan boʻlsa? Nahotki hayot faqatgina mansabu boylikdan iborat boʻlib qolgan boʻlsa?!

– Ha, – dedim men beixtiyor. – Bundan ortiq azob bormi, dunyoda. Sen bilan hamdardu hamqadam yashab kelayotgan insoning sen tufayli pushaymonlik olovida yonib yashab kelayotgan boʻlsa-yu, sen esa buni bilmasang...

– Shuning uchun ham kuyaman-da, aylanay, – dedi hamrohim namlangan koʻzlarini olib qochar ekan.

Qarasam, opaxonning koʻzlaridan dumalayotgan yosh yuzlarini allaqachon yuvib boʻlgan. Qanday boʻlmasin, hamrohimni yana gap bilan chalgʻitishim kerakligini angladim. Shunda uning suhbatimiz boshida aytganlarini esladim:

– Bu galgi borishim oʻgʻillarimni xursand qilmaydi, deganday boʻldingizmi?

– Ha, gap shundaki, oʻgʻillarim ta’tilni tugatib, oʻqishga ketishdi, biroq dadasi oʻz fikrini sira oʻzgartirmadi. Oʻgʻillarimga bu gaplarni telefon orqali aytishni lozim koʻrmadim. Borgach dadasining ularga kelgusida «tirgovuch» boʻla oladigan mansabdor tanishlari bilan quda boʻlishga kelishib qoʻyganligini aytishim kerak. Shuning uchun endi ular gaplashib yurgan qizlari bilan munosabatlarini uzishlari kerak...

– Meni qiynayotgan bunday holatdan endi qanday qutulay, ayting, – deya yana kuyib-pishib gapida davom etdi opaxon. – Turmush oʻrtogʻimning «armon»larini qanday qilib xayolimdan oʻchirib tashlay?! Men oʻgʻillarimning mard, oriyatli va or-nomusli yigitlar boʻlishini istayman. Axir, oʻzingiz oʻylab koʻring. Oʻsha sizdan bir necha barobar yuqori mansabli, boy-badavlat xonadonning tantiq qizi oʻrtahol oilada qanday yashab keta oladi? Oʻgʻillarim bir umrga qaynota-qaynonasi oldida boshini egib yashashiga qanday chidayman?

Hamrohimning yelkalari silkina boshladi. Men uni yupatishga ojiz edim...

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 7-sonidan olindi.