OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Dilbar Saidova. Yigʻi (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDilbar Saidova
Asar nomiYigʻi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Dilbar Saidova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/01/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yigʻi (hikoya)
Dilbar Saidova

Kampir odaticha erta turdi. Eshikni ochdi. Xonaga gurillab sovuq havo kirdi. Tani yayrab ketgandek boʻldi. Hali tashqari butunlay yorishib ulgurmagan, havo allaqanday tumanli va nam edi. Kora jun roʻmolini oʻrarkan: «Qor yogʻadimi nima balo, hidi kelib turibdi», — deya oʻzicha gʻudrandi, keyingi paytlarda oʻziga-oʻzi gapiradigan boʻlib qolgan. Radio qulogʻini buradi. Tongda beriladigan kontsert unga xush yoqardi.

Kovushini kiyib hovliga chiqdi. Pastdagi uyga nazar tashladi. Uy hali qorongʻi edi. «Qari chol, taltayib uxlab yotibdi haligacha. Uyalmaydiyam. Uyning barakasini uchirib yuborayotganini bilmaydi. Xudo oʻlimingni bersin, iloyim!» Oxirgi soʻzini aytdiyu, atrofga alanglab qarab qoʻydi. Hech kim yoʻqligini bilib koʻngli joyiga tushdi.

Tahorat qildi, yuz-qoʻlini yuvdi. Hovli past va yuqoriga boʻlingan. Pastga tushdi. Har kun koʻcha darvozasini birinchi boʻlib ochib qoʻyardi.

Oshxonaga oʻtdi. Gazga olov yoqib choynakni qoʻydi. Piyolalarni yuvdi. Stol ustini yigʻishtirdi. Azimjon bilan kelini yotadigan uy yonidan oʻtayotib nevarasi — kichkintoy Nosirjonning yigʻi tovushini eshitdi. Derazani taqillatdi.
— Hoy, turinglar endi. Kun yoyilib ketdi.

Azimjon erinibgina koʻzini ochdi, har tong shirin uyqudan mahrum qiluvchi oyisidan jahli chiqtsi, koyindi: «Kallayi saharda balo bormi turib, shu qariyalardan ham bezor boʻldim».

Kelin uyqusirab erining pinjiga tiqildi. Er-xotin issiq oʻrinni tark etishni istamagan holda anchagacha toʻshakda pichirlashib yotishdi. Kichkintoy ularning oʻrtasiga kelib choʻzilib yotdi. Olam endi butunlay yorishgandi. Avval kelin turdi, uning ketidan kichkintoy oʻrmaladi. Kelin kichkintoyni kuzatib bir oʻpib oldiyu, erining qoʻyniga solib qoʻydi.
— Erkatoyingizni oling. Men boray, choy-poyni toʻgʻrilay. Tagʻin oyim javrab yurmasinlar...

Kampir namoz oʻqirkan, deraza orqali pastki uyga qarab oldi. Chol tomonda hamon tinchlik. Chol tursa derazani qiya ochib qoʻyardi. Namozdan soʻng hammalari ovqatlanadigan uyga oʻtib, koʻrpachalarni soldi, tokchadan dasturxon olib yozdi. Oʻgʻli sovuq suvda yuvinib, pishqirib kirib keldi. Kichkintoy buvisining boʻyniga osildi. Buvisi koʻngilchan odam ekanligini, yuzini yuziga qoʻysa, erkalansa konfet berishini yaxshi bilardi. Bir-ikki marta nimchasi choʻntagiga qoʻl uzatdi, buvisi uning qoʻlini ushlab qoldi.
— Avval ayiqchalar haqidagi qoʻshigʻingni ayt, keyin...

Kichkintoy ayiqchalar haqidagi qoʻshigʻini noiloj kuylashga tutindi. Dasturxon yoniga oʻgʻli ham kelib oʻtirdi. Ona-bola huzur qilib qoʻshiq tinglasharkan, nogoh taraklab eshik ochildi. Oʻgirilib qaradi, kelinining oqargan chehrasini koʻrib nimadir yuz berganini fahmladi.
— Otam, haligi otam... — Oʻkirib yigʻlab yubordi. Azimjon hovliqib oʻrnidan turdi.
— Oʻlibdimi? — kampir sovuq tirjaydi. Undagi oʻzgarishni sezishmadi. Kampir yigʻlash kerakligini yaxshi bilardi. Lekin koʻzidan yosh chiqarish uchun ham, dod solish uchun ham kuch-madori yoʻqligani his etdi, bundan dahshatga tushdi va labini qattiq tishlab oldi. Oʻgʻli koʻylakchan yugurgilab pastki uyga ketdi.
— Otam, otaginam, vo otam...

Hovlisiga chiqib kelin ham eriga qoʻshilib ovoz chiqardi. Xiyol oʻtmay hovli qoʻni-qoʻshniga toʻlib ketdi. Birin-ketin katta qizi — Karomat, oʻrtanchasi — Salomat, keyin oʻgʻli A’lam, ularning bola-chaqalari kirib kelishdi. Chor-atrofni dod-faryod egalladi.

Faqat kampirdan sado chiqmasdi. Yuzida hech qanday ma’no qolmagan, nevarasini bagʻriga bosgancha deraza yonida oʻtirib xovlidagilarni kuzatardi. U balki hech narsani koʻrmasdi. Xuddi qotib qolgandek edi. Uning bu ahvolini hamma tushunardi. Ular marhum bilan oʻn besh yildan beri soʻzlashmasdi...

Nogoh eshik gʻirchilladi, seskanib oʻgirildi. Karomat, Salomat, A’lam va A’zamjon boshlarini quyi egib turishardi. Ular nimadir deyishmoqchi edi. Lekin botinisholmasdi.
— Nima gap?

A’lam bir yoʻtalib oldi, xirqirab soʻz boshladi:
— Uyni ostin-ustun qilib hech narsa topolmadik.
— Pulmi?
— Oʻlimligini yigʻmagan ekan-da...
— Yigʻgan boʻlsa ham, hozir qaerdaligini topish qiyin.

Kampir yana sovuq tirjaydi. Hammaning boshi egik edi. Hech kim sezmadi.
— Tokchani qaranglar.

A’lam oyogʻi uchida qoʻl uzatib rangi uniqib ketgan tugunchani oddi. Ochishdi.
— Sananglar, yarmini sarflanglar. Qolganini joyiga qoʻyinglar. Qaerdaligini bildilaring. Biron kori hol yuz bersa, u yogʻi meniki.

Ozgʻin, qorayib ketgan Karomat oʻzini tutolmay yigʻlab yubordi. Salomat ham unga qoʻshildi. Erkaklar koʻzlarini ishqalashdi.
— Koʻpam yigʻlamanglar, oʻlim hammaning boshida bor narsa, — dedi xotirjam qiyofada kampir.

Farzandlar chiqib ketishdi. Kichkintoy ham kampirning qoʻlidan sirpanib chiqdi. Xonada yolgʻiz kampir qoldi. Hamma hovlida gʻimirlab u yoqdan-bu yoqqa yurar, oʻlik bilan ovora. Uning bor-yoʻqligiga hech kimning xayoliga ham kelmasdi. Kampirning xotirasida jonlangan voqealar yolgʻiz oʻziga ayon edi...

U shu hovlida voyaga yetgan. Oppoq soqolli, basavlat, serjahl otasini mahallada «eshon» deyishardi. Onasi mushtdakkina, past ovozli edi. Dugonalari koʻp boʻlsa-da, qoʻshni — Joʻraqul degan bola bilan gaplari kelishardi. Joʻraqul uning qoʻgʻirchoqlariga qumdan uy yasab berardi. Ular qoʻgʻirchoqlarini qum uychalarga joylashtirishardida, issiq tuproq ustiga choʻzilib sirli-sirli suhbat qurishardi. «Katta boʻlsam, quruvchi usta boʻlaman, senga uy qurib beraman», — derdi Joʻraqul. «Men esa chevar boʻlaman, senga doʻppi tikib beraman», — derdi Maxfirat. Ikki hovli oʻrtasida darcha boʻlardi. Bir kuni darcha olib tashlandi, oʻrniga gʻisht terildi. Koʻcha eshigi ham zanjirlanadigan boʻldi.
— Endi katta qizsan, — dedi onasi, — har kimga koʻrinaverma, uyat boʻladi... Joʻraqulni shundan soʻng koʻrmadi. Devor ostiga kelib faqat ovozini eshitishi mumkin edi. Oyisining «Uyat boʻladi» degan soʻzi uning qulogʻiga bir umr qoʻrgʻoshin boʻlib quyildi.
— Erga beraman seni, sal ogʻir boʻl, qizim...
— Yoʻq, yoʻq, tegmayman erga... — erning ma’nosiga hali yetmasdi, lekin negadir koʻzlari yoshlandi.
— Yigʻlama qizim, uyat boʻladi...

Toʻy boʻldi. Oʻttizni qoralab qolgan, birinchi xotini sariq kasalidan oʻlgan Sadriddinxoʻja ichkuyov boʻlib keldi. Oʻzining sirliligi uchun ham jozibali boʻlib koʻrinadigan birinchi kecha yoshi hali oʻn toʻrtga ham toʻlmagan Maxfirat hayotida muhr boʻlib bosildi. Burchakda titrab-qaqshab oʻtirgan paytida kayfi tarang kuyov kirib keldi. Bilagiga qoʻl uzatdi. U oʻzini olib qochdi. Kuyov bir hamla bilan burchakka qisdi, boshidagi roʻmolini olib otdi, kiyimlarini yechib tashladi, dast koʻtarib toʻshakka yiqitdi. Uyat, uyat lovillatib yubordi bechora qizning butun vujudini...

Keyin kuyov pishillab uxlab qoldi. Qorongʻida timirskilanib kiyimlarini topib kiydi. Qochib ketish fikri tugʻildi unda. Tashqariga chiqdi. Pastga tushdi. Eshik zulfiga qoʻl uzatgan ham ediki, onasining ovozini eshitdi.

Oʻzini mushtdakkina oyisi bagʻriga otib yigʻladi, baqirib yigʻlamoqchi, koʻnglini boʻshatmoqchi edi.
— Ovozingni chiqarma, qizim, uyat boʻladi...

Kunlar, oylar, yillar xuddi arava gʻildiragidek yumalab oʻtaverdi.

Karomat tugʻildi. «Qiz tugʻdingmi, itdan tarqagan!» — boshiga musht yogʻildi. Goʻdagini bagʻriga bosganicha miq etmadi. Keyin Salomat... «Yana qizmi, haromi!» Mushtdan, ta’nalardan qaddini koʻtarolmay qoldi. A’lamni beshikka yoʻrgaklab, emizib oʻtirganda, eshikni oyogʻi bilan tepib mast Sadriddinxoʻja kirib keldi. Yonida begona ayol ham bor edi. «Dod» deb qichqirgisi, odamlarni chaqirib yordam soʻragisi keldi. Tilini tishladi. Marhuma onasi eshik oldida tik turardi. «Uyat boʻladi, qizim!» Yuragini zirqiratayotgan alamini ichiga yutib ikkoviga uyning toʻridan joy solib berdi...

Azimjon tugʻilgan yili urush boshlandi. Sadriddinxoʻja urushga ketdi. Urush boshlanganidan hamma kaygʻuga tushgan boʻlsa, Maxfirat quvondi. Urush uning erini uzoq-uzoqlarga olib ketgandi. U endi qaddini rostlab yuradigan, koʻchaga chiqadigan boʻlgandi. Bir kuni kechqurun magazindan non olib kaytarkan, kimdir qichqirganday boʻldi. Qoʻrqib qadamini tezlatdi. Lekin chaqirgan odam bari bir unga yetib oldi. Bu — Joʻraqul edi. Ular bir-birlariga tikilib qotib qolishdi.
— Maxfirat, Maxfirat! Sizni koʻradigan kun ham bor ekan-ku! Shuncha yildan buyon faqat ovozingizni eshitardim. Xayriyat, Xudo bor ekan. Ertaga, erta tongda urushga ketayapman.

Maxfirat nimadir deyish kerakligini bilar, lekin hech narsa deyolmasdi. Ular koʻchada, odamlar koʻz oʻngida turishardi. Nogohda oyisining ovozi uni oʻziga keltirdi: «Uyat boʻladi, qizim, begona erkak...» U yugurgilab ketdi, ortidan Joʻraqul ham ergashdi.
— Urushdan omon qaytsam, hali balki koʻrisharmiz...

U bari bir hech narsa deyolmadi. Darvozani zanjirlab qoʻydi. Tuni bilan uxlayolmadi. Yumshoq toʻshak badaniga mix boʻlib qadaldi, oʻrnidan turib hovlini kezdi, devor ostiga bordi. Narigi yoqda kimdir «Maxfirat!» deb chaqirgandai boʻldi. U esa ovoz chiqarolmadi. Oyisi izma-iz ta’qib etardi. «Uyat boʻladi, qizim», — derdi beozorgina boqib.

Oʻsha uchrashuv uning uchun eng nurli xotira boʻlib qoldi. Oʻsha kech uni chaqirmadi. Umr bir koʻz ochib yumganchalik oʻtib ketibdi — bechora alam-sitamlar bilan birga. Lekin Joʻraqulning oʻktam chehrasi, ovozi, qaddi-basti oʻsha holicha turibdi. Nega uni chaqirmadi? Bu savol uning yuragani doim oʻrtab keladi...

Urush tugadi. Maxfiratning quvonchi ham tamom boʻldi. Sadriddinxoʻja qaytib keldi. Joʻrakul esa izsiz yoʻqoldi. Qoʻshni hovlidagilar uni bir yil kutishdi, ikki yil kutishdi, oxiri ovoz chiqarib aza tutishdi. Bu hovlidan ham ovoz chiqdi... Alamli, dardli, armonli ovoz... Sadriddinxoʻja tumtayib oldi, keyin jahli qoʻzgʻab qichqirdi.
— Endi boʻldi qil, la’nati! Yo men boʻlmaganda ogʻiz-burun oʻpishganmiding oʻsha itvachcha bilan?

«Uyat boʻladi, qizim! Erli xotinsan...» — shu kundan e’tiboran marhuma oyisini ham yomon koʻrib qoldi. Doimo zolim erning tomonini oladi. Onasini yoddan chiqarishga urindi, eslash toʻgʻri kelsa, ijirgʻanadigan boʻldi...

Urushdan eri asab kasalini orttirib kelgandi. Sal narsaga tutoqib ketadi, qoʻliga nima tushsa otib yuboradi. Endi u bolalarni deb yashardi bu erkak bilan. Keyin koʻnglida yana bir armon paydo boʻldi. Lekin bu armonni hatto koʻnglidan kechirish ham qoʻrqinchli edi.

Bolalar katta boʻlib qolishdi. «Qizlaringga ehtiyot boʻl, biron gap eshitsam, hech qaysingni sogʻ qoʻymayman», — dedi eri. Karomatni soʻrab uyga sovchilar qatnay boshladi. Karomat rad kilaverdi. Lekin bir galga sovchilarga indamadi. Qizining shularga koʻngli borligini u darrov sezdi.
— Men rozi. Faqat otasiga maslahat solinglar, — dedi u. Ota esa koʻnmadi. Sovchi tomonning avlodi past emish. Sovchilar bari bir qatnayverdi.
— Endi kelmanglar, boʻldi, agar qizim rozi boʻlsa, unaqa qizni men oq qilaman, xotinimdan shunaqa gap chiqsa, unga uch taloq, — dedi ota supada uning roziligini kutib oʻtirgan sovchilarga.

Ichkarigi xonada oʻtirgan Karomat bu gapni eshitib faryod solib yigʻladi. Oʻzini oʻzi oʻldirmoqchi boʻlib kerosinga yopishdi. Qiy-chuv koʻtarildi. Maxfirat yugurib tashqariga chiqtsi.
— Umrimni xazon qilding, endi bolalarimning ham baxtini toʻsmoqchimisan, nomard, — deya chinqirganini oʻzi ham bilmay qoldi. Sadriddinxoʻjaning koʻzlari qinidan chiqayozdi:
— Uch taloqsan, — dedi vishillab...

Shundan buyon er-xotinning oʻrtasida gap-soʻz yoʻq edi. Chol pastki uyda yashardi... Bolalarning hammasi uyli-joyli boʻlishdi...

Hoalida rasm-rusm joyiga keltirilayapti. Otadan yaxshi gapni kam eshitgan boʻlishsa-da, farzandlar uning hurmatini binoyidek oʻrinlatishayapti. Kampirning koʻnglini gʻashlik egalladi. Odamlar, odatda, qadrli kishilar olamdan oʻtsa, oʻrtanib yigʻlashadi, yaxshi hislatlarini eslashadi. Kampir nima deb yigʻlaydi?

Eshik ochildi. Karomat kirib keldi.
— Oyi, oyijon, — u yigʻlab onasini quchoqlab oldi. — Men sabab otam bilan urishib qoluvdingaz. Endi rozi-rizolik qiling. Otaginam goʻrida tinch yotsin...

Kampirning yuragi ezilib ketdi. Kanaqa farzandlar oʻstiribdi-ya, shunchayam shafqatli boʻlishmasa...
— Mayli, bolam, mayli, — dedi qizining boshini silarkan. Salomat, A’lam, Azimjonlar ham tik turib uni kutishardi. U sudralib hovliga chiqdi. Odamlar tobutni koʻtarishdi... bir zum qotib turishdi. Ular hamon kampirga muntazir edilar.

Tobutda yotgan kishi uning navqiron yoshligini oʻzi bilan birga olib ketayotgandi. Endi u qanday yashaydi, qurigan qoq suyakka aylangan kampirning kimga keragi bor. U axir bari bir niyatiga yetdi-ku. Oʻlimini bir bor koʻrsam, armonim yoʻq, deb yashab kelayotgandi hozirgacha. Yoʻq, hech qachon birovlarga oʻlim tilamagandi, yolgʻiz shu armoni bor edi. Uning boshqa hamma yaxshi tilak va orzularini yoʻqlik sari ketayotgan tobutdagi oʻlik berahmlarcha toptagan, oʻldirib yuborgandi. Qalbi tubida asrab kelayotgan yolgʻiz armoni amalga oshdi. Endi yashashning hojati ham yoʻq edi.

U baqirib yigʻlab yubordi. Har birining boshiga kelishi muqarrar boʻlgan oxiratni oʻylab cheksiz qaygʻuga choʻmgan farzandlar, nevaralar, qarindosh va qoʻni-qoʻshnilar hayrat bilan kampirga tikilishdi. U boshidagi roʻmolini otib yubordi, oppoq sochlari yoyilib ketdi, tobut koʻtargan odamlarning yoʻlini toʻsdi. Tobutga osilib oldi:
— Meni ham olib ket. Nega tashlab ketayapsan, olib ket meni ham...

Qizlari va kelinlari qoʻltigʻidan suyab chetga chiqarishdi. Uning endi tik turishiga majoli ham qolmadi, ichkariga olib kirishdi, karavotga yotqizishdi. U alahsirardi, anchadan soʻng hushidan ketdi. Cholni koʻmib kelishganda kun botgandi, lekin borliq allaqanday sokinlik va tiniqlikka gʻarq edi.

Konfet soʻrab kirgan kichkintoy nevarasiga buvisi kulib boqmadi, shoʻx vijirlashlariga ham e’tibor bermadi. Kichkintoy odaticha sekingina uning choʻntagiga qoʻl uzatdiyu, seskanib tushdi. Buvining koʻzlari ochiq, yuzi esa sovuq tirjayib turardi. Chinqirib tashqariga otildi. Yoʻq, u hali bola edi, dunyoda oʻlim degan narsa borligini idrok etolmasdi. Lekin oʻlimning nafasi, muhri sovuq va dahshatli ekanligini shu damda his etgandi. Borliqni yana yigʻi-sigʻi egalladi.

Kampir olamdan oʻtgandi...