OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDilmurod Sodiqov
Asar nomiOʻzidan qochayotgan odam (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Dilmurod Sodiqov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻzidan qochayotgan odam (hikoya)
Dilmurod Sodiqov

Bobotoqqa poda haydab ketayotuvdik. Manzilga yetmasimizdan kun bota boshladi. Quyosh qizgʻish tus oldi. Osmon toqidagi parqu bulutlar nimpushti rangga kirdi. Togʻning gʻadir-budir choʻqqilari, bepoyon adir hamda etakda sochilib yotgan qishloqlar ustida shafaq bijirladi. Quyosh osmonni tark etdi, biroq qutb qonga boʻyalganday qizarib turdi. Kun sekin-asta unniqib, zulmat choʻka boshladi. Kunduzga xos narsalar qumga singganday yoʻq boʻldi, hammayoqni tun vazminligi egalladi. Shu payt togʻ qa’rida shoqollar ulidi. Mollar taqqa toʻxtadi. Togʻam podaning oldiga oʻtib yoʻl boshladi. Men ortda, xachirda «hada-huy»layman, yonimda oziq-ov¬qat va idish-tovoq ortilgan ola eshak, uning ketida ikkita qozoqi itimiz tirkalib keladi. Tun osuda, osmonda yulduzlar porlaydi. Yoqimli shabada esadi. Ahyon-ahyonda qarchigʻay chagʻillab qoʻyadi. Oʻtlar orasida va soyliklarning suv yuvib ketgan oʻngirlarida chigirtkalar tinmay chirillaydi.

Toʻsatdan havo aynidi. Jonlangan shamol koʻklam dengizini toʻlqinlantirdi. Togʻam otni Qanotliqoya tomon burdi. Soʻng menga oʻgirilib: «Ildam-ildam hayda, yomgʻir kelayapti!» – deb qichqirdi. Men xachirni niqtadim.

Birpasda osmonni bulut qopladi. Kuchli shamol turdi, momaqaldiroq guldirab, yomgʻir quya ketdi. Men tuya junidan toʻqilgan chakmonga oʻralib oldim. Chakmon ichida tomchilar shatirlatib urayotganini eshitib turdim. Bir ¬oz oʻtgach, yopinchiq yoqasidan atrofga qaradim: hammayoq yaraq-yuruq, bulut terak boʻyi osilib tushgan, tak-tak, shildiroq, otquloq barglari suvga ivib shalpayib qolgandi. Yomgʻirning zoʻridan mollar irgʻishlab chopardi. Junlari ivib, qovurgʻasiga yopishib qolgan itlar esa goh podaga yaqinlashar, goh xurjunli eshakning qavatiga kirishga tirishar, yomgʻirpana joy topolmay allatovur gʻing¬shirdi.

Yomgʻir quyib yogʻardi. Suv chakmondan oʻtib, koʻylagim tanamga chippa yopishdi. Usti boshim bilan daryoga shoʻngʻib chiqqanday shalvirab qoldim. Chakmonni boshimdan oluvdim, tevarakdagi soylarning suvga toʻlgani va nishablikdagi oʻtlarning bir tekis yotib qolganini koʻrdim. Dara tugadi. Tik tushgan yuzasi ilma-teshik boʻlib ketgan jarlik boshlandi. Uning tagidan, past-baland keng soʻqmoq boʻylab yurdik. Bu yoʻl zim-ziyo, lekin yomgʻirpoʻsh edi. Tepadagi kovaklarda qushlarning uyqu aralash chugʻuri eshitiladi. Oʻydim-chuqur soʻqmoqdan yuqoriga koʻtarilib, tekis, bahavo oʻtloqzorga chiqdik. Yomgʻir tinib, musaffo shamol esardi. Daralar yomgʻirga boʻkkan. Ovdan quruq qaytayotgan Hisor ayigʻiga oʻxshab juda vazmin qadam tashlardik. Dara adogʻidagi choʻqqilar saf-saf askarlarday qatorlashib turardi. Burgutning qanotiday keng yoyilgani Qanotliqoya. Ungacha sel yuvib ketgan toshloq arna1 bor. Arnada yogʻib oʻtgan yomgʻirning boʻtana suvlari shitob bilan oqadi. Sohili egri-bugri daryodan bir amallab oʻtdik. Kechuv paytida xachirim ikki marta munkib ketdi. Biror falokat boʻlmasin, deb xachirning yagʻriniga qamchi bilan tushirdim, jonivor toki jingʻilpoyaga chiqqunimizcha qadamini tek bosib bordi.

Qoya yon oʻrkachlarga mingashib olgan. Chap qanotdagi oʻrkach bagʻrini suv teshib oʻtganidan gʻorga aylangan. Choʻqqilarning orqasi qalin qaragʻayzor. Ovchilar shu gʻor orqali oʻrmonga oʻtib oladi. Hozir u yerdan sharillab oqqan suv etakdagi arnaga borib quyilmoqda. Togʻam otdan tushib, qoya ostidagi qoʻrxona tomon yurdi. Qarasak, oʻchoqqa oʻt yoqilgan, yupqa kul qatlami tagida choʻgʻ miltillab turibdi. Shox-shabbalar sochilib yotibdi. «Gulxanni kallamozorlik podachilar yoqqan boʻlsa kerak, — dedi togʻam choʻtlab. — Choʻponlar oʻtinga xasis boʻladi, bir dona choʻpniyam bekorga tashlamaydi».

Men xurjundan sholcha olib yozdim, koʻrpacha soldim, ke¬yin namiqib ketgan koʻylagimni almashtirdim. Togʻam podani uyurgani ketdi. Shu orada itlar hurib qoldi. Oʻchoqqa ikki boʻlak toʻqmor tashladim-da, choʻzilib arna tomonga qaradim, togʻam koʻrinmadi. Itlar akilladi. Bir oz xavotirga tushdim. Togʻda kechasi tovush chiqarib boʻlmaydi. Garanda-gurandalar odamga xavf soladi. Bunday paytda hayvon yo qush tilida gapirishga toʻgʻri keladi. Xullas, qoʻlimni ogʻzimga qoʻyib, «qu-ur»ladim. Togʻamdan «xotirjam boʻl», degan javob keldi. U gʻor tagida, zarang tayoqni belidan oʻtkazib, engashgancha oʻpqonga qarab turardi. Itlar tinmay hurardi. Qiziq, ular tulkining hidini oldimikin? Togʻam tulkini yomon koʻradi. Uchratib qolsa, «zoti past», deb soʻkadi va oʻng yengidan ip uzib, tutatib yuboradi. Shunday irimchi odam nega buncha gʻorga tikiladi? Tagʻin aydari1masmikin? Voy, gapim qursin, aydari degani juda dahshat-ku! Uning qorasi oʻchsin. Unga hech bir jonzot bas kelolmaydi.

Nihoyat, togʻamning qoruvli gavdasi koʻrindi. U qoʻrxonaga kelib, namiqib ketgan chakmonini yechdi, oʻngiri uzun, keng-moʻl kamzul kiyib oldi. Yuzida esa besaranjomlik bor.
– Nima gap, tinchlikmi, togʻa?

Uning boshmaldoqday qoshlari andak chimirildi. Soʻng:
— Tinchlik, jiyan, — dedi oʻylanib. — Shu... Gʻorda nimadir borday. Ingraganday boʻldi. Na odamga, na hayvonga oʻxshaydi... Kim biladi, biror jonivor yomgʻirdan qochib kirganmi...
— Argʻamchi boʻlsa kerak-da! Ular odamday ovoz chiqaradi, deb edingiz!
— Avrayotgan mahaldagina tovush beradi.
— Argʻamchining koʻzi yilda bir marta yonarmish. Buni koʻrgan odam boy boʻlarmish. Shu chinmi, togʻa?
— Bu gapni kimdan eshitding?
— Marqa buva aytuvdi.
— Toʻgʻriku-ya, lekin bu falokat keltiradi.

Qoʻrga koʻmilgan kartoshka pishdi, choʻgʻ charsillab otilib qoldi. Tamaddi qildik. Togʻam Qanotliqoya, uning atrofidagi qishloq haqida gapirdi: – Bu yer – Kallamozor. Oʻtgan asr boshida eski tepalikda odam boshi koʻmilgan qabrlar topilgan. Qishloq mutavallilari dahriylardan choʻchib, bosh chanoqlarini Ilonjarga uloqtirishgan. Azbaroyi suyaklar kofirlar qoʻliga tushishini istashmagan... Tuzalboy xuddi shu qishloqdan boʻladi. Uning suruv-suruv qoʻylari pastdagi daralarda oʻtlaydi. Begonalar bu yerga doriyolmaydi. U Kallamozorga xoʻjayin. Tavba, odamzotni nafs yengdi. Boʻlmasa, yer kimlardan qolmagan! Ey, jiyan, yer, bu — abadiyat, uning oldida kim boʻlibmiz?! Hech kim! Daryo suviday oqamizu ketamiz...

Shu payt gʻor tagidagi suv «shalop» etdi. Itlar vajohat bilan yugurdi. Oʻzlarini ayamay suvga tashladi, vagʻilladi va allaqanday odamning jonholatda qichqirgani eshitildi. Ichimizga gʻulgʻula tushdi, keyin qoʻlimizga ilingan narsani olib chopdik.

Qarasak, aylana hovuz ichida Koʻkkoʻz bilan Polvon (u ayiq¬day semiz va kuchli edi) bir odamni talab yotibdi. U odam suvga oʻzini pishib olar, nafasi qaytgach, boshini chiqarib ovozi boricha baqirardi. Togʻam poychasini turib suvga tushdi-da, itlarni nari quvdi. Itlar oʻljasidan quruq qolgan yirtqichday hovuz chetida koʻzlarini olaytirib, oppoq tishlarini koʻrsatib irillab turaverdi. Haligi kishi dod solar, suvni shaloplatar va gʻorning mum toshlariga tirmashib yuqoriga chiqishga harakat qilardi. Togʻamning: «Qoʻrqmang, buyoqqa keling, qoʻlingizni bering», deyishigayam qaramay, gʻor devoriga oʻrmalab chiqaverdi va birdaniga sirpanib, suvga yuztuban quladi. Hovuzning suvi ikki yonga ayrilib, oʻpqon hosil boʻldi-da, gʻoyib boʻldi. Uyrum qaytib toʻlgach, atrofga jimlik choʻkdi, itlar suvga tikilib qoldi. Yuragim dukurlab urdi. Togʻam hovuzga tushgani hamon tana poʻkakday yuzaga qalqib chiqdi. Uni tashqariga chiqarib yotqizdi. Koʻkragini bosuvdi ihradi, oqarib ketgan yuzini burishtirdi. Tirishib, gʻujanak boʻlib oldi. Togʻam uyoq-buyogʻini uqalagach, picha boʻshashib oʻziga keldi. Bizni koʻrib, qoʻrqib ketdi shekilli, ilkis turishga urindi.
— Qoʻrqmang, biz oqmozorlik choʻponlarmiz, — dedi togʻam. Haligi odam chap yelkasini ushlab «oh»ladi. — Itlar rosa talabdi-ku, ogʻa, — dedi togʻam tasalli berib. — Hay, nimayam derdik. Hayvon-da! Lekin chatoq boʻldi.

Uning qulogʻiga gap kirmasdi, qoʻlga tushgan oʻgʻriday qochishga payt poylardi. Amal-taqal qilib qoʻrxonaga yetaklab keldik. Oʻchoqdagi choʻgʻni koʻrdi-da, ikkimizga alanglab qaradi. Bu qarashida kibr-dimogʻ bor edi.

Kaltakesimdan kelgan, ozgʻin bu koʻsa odamning tishlari toʻkilib ado boʻlgan, gapirganida ikki lunji tovuqning jigʻildoniday kirib-chiqadi. Kosasiga botgan koʻzlaridan qahr olovi uchqunlaydi. Burni chigitday. Ustidagi jemperi shalabbo boʻlgan edi, paxtalik koʻylak-ishton berdik. Shundan keyin ajin bosgan yuzi sal yorishdi.
— Ogʻa, keling, bi-ir otamlashaylik, — gap boshladi togʻam. Odatda, u xokisor, faqir odamlarni oʻziga yaqin olardi. — Qaytar choʻponman. Bu bachcha — jiyanim, — dedi meni koʻrsatib. — Kattarsa choʻpon boʻladi. Ishtiyoqi zoʻr. Har qalay, qonida bor-da... Endi, oʻzingizdan soʻrasak, ogʻam. Togʻchilardan boʻlsangiz kerak?

Notanish odam hech nima demadi. Oʻchoqdagi choʻqqa koʻzini tikib oʻtiraverdi. U chuqur oʻyga choʻmgandi.
— Nima, boshingizga mushkullik tushdimi? Odamning dardini odam koʻtaradi, ogʻa. Aytavering! Tortinmang, — deb togʻam uni gapga qistadi.
— ...Otim Boziq. Tuzalboyning qoʻychivoniman. Mushtdayligimdan qoʻy boqaman. Bola-chaqadan yoʻq. Peshonada yozilgani shu ekan-da. Bolam desa degulik ikki shogird bor. Xudo yorlaqasin, oqibatli bolalar chiqdi...

Bu ism togʻamning koʻnglida qoʻtir boylab yotgan xotira yarasini tilib yubordi. Oʻn besh yil burun edi. Ayni koʻklam mahali, otarlar Bobotogʻ etagida jodrab yurardi. Oʻn chogʻli odam rahmatli Qulmoʻmin choʻponning ogʻziga mahtal boʻlib, urush maydonida garov oʻynab bir gala qargʻani qiyratgani-yu, koʻkragidagi medallarni naq bittaga koʻpayt¬gani haqidagi matalni maroq bilan eshitardi. Shu payt qir biqinidagi soʻqmoqdan miltigʻini orqalab Laqay ovchi oʻtib qoladi. Bechora Qulmoʻmin choʻpon qartayib qolgan boʻlsa ham koʻzi oʻtkir edi, qirga oʻrmalab borayotgan ovchiga qarab: «Laqaylaram juribdi-da ovchiman, deb. Qoʻyib bersang, ikki metr naridagi qobonni durust koʻzlolmaydi. Qargʻani-ku, gapirmasayam boʻladi», – deydi. Qoʻtondagilar qiy¬qirishadi. «Ey, nima deyapsiz, oqsoqol, bir chaqirim naridagi echkemar¬ning boshini yanchganda, qargʻangiz nima boʻpti?» Qulmoʻmin choʻpon boʻsh kelmadi: «Chaqir, sinab koʻramiz». Togʻamning joʻralari dali-gʻuli emasmi, tura solib, haligi ovchini boshlab kelibdi, goʻyoki keksa choʻponni mot qilmoqchi boʻlishibdi. Rahmatli choʻponning ori kuchli edi. Yonidagi chopqir chavandozlarga qarab: «Mana shu osmonda uchib ketayotgan oʻrdaklardan birovini urib tushirsang, bitta koʻpkari beraman» – debdi. Laqay ovchi oʻylab oʻtirmasdan qoʻshotarini shart yechibdi-yu, osmonga nuqibdi. Urolmabdi. Yana badanglatibdi... Chapani ovchi sholgʻomday qizaribdi, otliqlar esa pisib qolibdi. Qari choʻpon shundayam marsinmabdi, yakshanbada Loyliqda koʻpkari boʻladi, deb ketvoribdi.

Bobotogʻda gap yotarmidi, koʻpkari xabari hammayoqqa tar¬qalibdi. Hatto Surxonning u betidagilar ham eshitibdi. Yakshanbada koʻpkari boʻpti. Zotiga yigirma bosh uloq, toʻrt gʻunajin qoʻyilibdi. Koʻpkari zoʻr oʻtibdi. Bizning Tarlon ikki uloq ayiribdi. Togʻam tantilik qilib birovini otni chopgan eshonga nazir qilibdi. Xullas, toʻy tugab, otliqlar tarqayotgan mahal bir juldurvoqi odam togʻamning oʻngiridan ushlab, otingizni berib turing, qoʻylarim Ilonjarga tushib ketdi, yoʻgʻasam ulardan ayrilib qolaman, debdi. Togʻam laqqa tushibdi. Faribu bechoraga yaxshilik istab, terga botgan Tarlonning jilovini unga tutqazibdi. U minibdi-yu, ketibdi. Shu sozi qaytib kelmabdi... Keyinchalik, oradan biror oylar oʻtib, oqmozorlik choʻponlardan biri uning tayini yoʻqligini aytib qolibdi. Shu gapdan soʻng togʻam Tarlonga duo beribdi...

Ana shu juldurvoqi endi roʻparasida oʻtiribdi. Togʻam ot jonivorga koʻp achinuvdi. Juldurvoqini u goʻrdan olib, bu goʻrga tiquvdi. Shunday boʻlsa ham hammasini unutibdi, mana, bir tukiyam oʻzgargani yoʻq. Birinchi marta koʻrayotganday gapini qiziqsinib eshitayapti...

...Tunovin yetti bosh qoʻy zovdan uchib oʻldi. Boyga shunday boʻldi, deb borsam, betimga shapaloq tortdi. Sen qoʻylarni koʻpaytirish oʻrniga boshiga yetayapsanmi hali, deb itdan battar qildi. Oʻlgan qoʻylarni tiriltirasan yo sotib olib qoʻshasan, deydi. Yomon boʻldi... Jala quyayotgan payti qoʻylarni qoʻtonga qamadim-da, qochvordim. Boʻldi-da endi, oʻttiz yil boyning qoʻliga qarab yashadim. Birim ikki boʻlmadi. Qaytaga barbod boʻldim. Odam erkin yashashi kerak ekan. Toʻrt-besh yillik umrim bormi-yoʻqmi, shuniyam gʻurbatda oʻtkazmay deyman... Boyning odamlari izgʻib yuripti... Aynam, meni koʻrganingizni hech kimga aytmang! Oʻtinaman.
— Koʻnglingizni toʻq qiling. Hech kimga aytmayman. Sizga qoʻlimdan kelgancha yordam beraman.
— Men haqimda birovga gapirmasangiz boʻldi. Tong oqarmasdan Kerishgantovga yoʻl olaman. Oʻlsamam bu tomonlarga qaytmayman.
— Uyoqda qoʻnimingiz bormi?
— Kerishganning bagʻri keng. Oʻz holimcha yashayveraman. Manglayimga, hayvonlar bilan qushlar omon boʻlsa, bas. Men sizga aytsam, faqat ularning koʻngli top-toza. Ulargina odamga chin hamdard boʻla oladi. Bandasidan imon qaytdi, aynam. Odamlar buzildi.

Togʻam jim tinglar, peshonasini, qansharini tez-tez qashib qoʻyardi. Oxirgi gapni eshitib suhbatdoshiga yalt etib qaradi. Oʻsha Boziqboy bu gaplarni aytayotganiga ishonmadi. Soʻng koʻzini olib qochdi, uyaldi, chiroqlari miltillab turgan qishloqqa tikildi va oʻngʻaysizlanib:
– Sizga nima deyishniyam bilmay qoldim. Menga qolsa, tugʻilgan goʻshangizdan yiroqqa ketmang. Undan azizroq joyni topolmaysiz, – dedi.
— Siz uni bilmaysiz. Koʻziga qon toʻlgan. Toʻrt-besh yildan beri: «Sen qariyani bir yoqli qilmasam boʻlmaydi, toza ba’dimga urding», deb yuradi... U meni sogʻ qoʻymaydi.
— Axir, uyam odam. Kechirilmaydigan gunoh yoʻq. U sizning aybingizdan oʻtar. Axir, qoʻylarni joʻrttaga nobud qilmagansiz-ku, toʻgʻrimi? Falokat bosgan.
— Buni tushunmaydi. Hayvon fe’li bor.
— Unga hammasini tushuntiraman. Sizni kechiradi.
— Qoʻying, foydasi yoʻq.

Oraga sukut choʻkdi.

Sal vaqt oʻtib, togʻam chuqur nafas oldi-da:
— Tovonini oʻzim toʻlayman, — dedi. — Sadqai sar, mol ketsa ketibdi. Odamning oldida mol-dunyo nima boʻpti?! Siz bandasidan imon qaytdi, deysiz. Odam jardan qulayotgan paytdayam odamligini unutmaydi. Bilib qoʻying, imon birlamchi, u tirikka ham, marhumga ham kerak, hayot – abadiy.
— Hayot... hayot allaqachon tamom boʻlgan, — dedi Boziq aka choʻrt kesib. — Lekin siz mening tashvishimni chekmang. Men tamom boʻlgan odamman.
— Unday demang. Hammasi yaxshi boʻladi.
— Koʻzim yetmaydi.
— Mana koʻrasiz. Meni aytdi, dersiz.
— Sizdan qarzdor boʻlib qolishni istamayman.
— Meni xayolingizga keltirmang.
— ...

Tungi osmon serjilva edi. Yulduzlar bodrab yotardi. Qarasang, chaqnab oʻynaydi. Yomgʻir hidi tarab, mayin shabada esadi...

...Yelvizak yela boshladi. Qushlarning chugʻuri, mollarning pishqirigʻi, gʻimirlashlar eshitildi. Koʻzimni ochdim. Osmon koʻkish, kunchiqar tomon yorishib kelardi. Togʻam bilan Boziq aka podaning narigi tomonida, arnaning boʻyida gaplashib turishibdi. Zum oʻtmay quyosh bosh koʻtarib, borliq nurga toʻldi.

Choy qaynatib ichdik. Togʻamning dimogʻi chogʻ edi. U menga qarab:
— Mollarni angorga hayda. Biz huv, qishloqqa borib kelamiz, — dedi siyrak joylashgan uylarni koʻrsatib.

Boziq aka boshini irgʻab qoʻydi.

Ular ketdi. Men doʻmbirani chertib oʻtirdim. Quyosh terak boʻyi koʻtarilganda togʻam Tuzalboyning odamlarini ergashtirib keldi. Boziq akaning ust-boshi qon. Ora-sira yonidagi barvasta yigitlar: «Koʻrnamak, tuzini totib, tuzligʻiga tupurasanmi? A-a? Bepadar it!» – deb uning gardaniga musht tushirib qoʻyardi. Yigitlar qoruvli edi, keng yuzlaridan jahl¬dorligi bilinib turardi.

Ular oʻn bosh molni ayirib, oldilariga solib haydab ketishdi. Boziq aka yigʻlashga tushdi. Togʻam:
– Erkak kishiyam yigʻlaydimi? Qoʻying-ey, bas qiling! – dedi.

U yigʻidan toʻxtadi. Lekin Oqmachitga yetgunimizcha togʻamni alqab bordi. Tinmay: «Endi sizning oldingizda nima degan odam boʻldim? Qarzimni qanday uzaman?» – derdi. Togʻamning jahli chiqdi. «Boʻldida-e, nima deganingiz bu? Ayt¬dim-ku, meni xayolingizdan chiqarib tashlang!» – deb qattiq gapirdi. Shundan keyin u miq etmadi.

Bobomdan qolgan qoʻtonga oʻrnashdik. Qoʻton ikki xonali, birida na deraza, na sandal bor. Tom ichi qorongʻi, sovuq. Goʻsht saqlashga moʻljallangandi. Keyingi xonaning shiftida chelakning ogʻziday teshik bor. Fuvillab kirgan shamol xonalarda aylanadi. Qish mahali teshikka chelakni kiygizib qoʻyardik. Xona xuddi koʻklamdagiday.

Kechqurun is chiqardik. Qoʻshni qoʻtondan choʻponlar keldi. Gurung qizidi. Mehmonlar tongga yaqin qoʻzgʻalishdi. Boziq akayam ketaman deb turib oldi. Togʻamni uzoq duo qildi. Otam qilmagan yaxshilikni qildingiz, dedi. Uning yelkasiga toʻrva ildirib kuzatdik. Ovozi tinmay, togʻamni alqab, javrab ketdi.

Yoz keldi. Havo alanga olib, oʻtlar qovjirab qoldi. Arnada suv tortildi. Koʻch-koʻronimizni yigʻishtirib qishloqqa qaytdik. Togʻdagi voqeadan uydagilar xabar topibdi. Bobom: «Shu zamondayam hotamtoylik qilib boʻladimi?» – deb togʻamni koyidi. Momom: «Hay, goʻrga, jon omon boʻlsa, mol topiladi», – deb qoʻydi. Shu bilan bu haqda qaytib gurung boʻlmadi. Bobom ham nima qilsin, oʻgʻlini shunday tarbiyalagan-da. Odamga nafing tegmasa, odamgarchilikdan kech, deb hozir ham aytib yuradi.

Pichanni gʻamlab, toqqa yoʻl oldik. Bu tomonlarda kuz qisqa boʻladi. Choʻqqilarga qor tushgach, choʻponlar yana qishloqqa qaytishadi. Hozir adirni ajriq bosgan. Yaylovda suruvlar jodrab yuribdi. Kallamozorga qoʻnib oʻtdik. Angordagi choʻponlar: «Bu podachilar kim boʻldi ekan?», – deb birin-ketin kelib, hol soʻrashdi. Biroq bir choʻpon qoʻnimga yaqinlashaverib toʻxtab qoldi va ortiga burilib yugurib ketdi. U yugurgancha ketaverdi. Hamrohlari: «Yo tavba, Boziqqa nima boʻldi? Jin chaldimi buni?» – deb ajablanib qolishdi. Ular bilan gurungimiz qovushmadi. Birin-ketin turib, otarining boshiga qaytishdi.

Togʻam qiyshanglab qochayotgan Boziq choʻponning ortidan qarab: «Bu tomonlarga qaytib kelmayman degandi-ku! Tavba, kelib-kelib yana Tuzalboyning suruvini boqib yurganini qara!.. Aynibdi bachchagʻar», dedi ovozini chiqarib.

Xiyol oʻtmay qoʻzgʻaldik va yoʻlda davom etdik.