OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Dilorom Dilxoh. Kuyuktut (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDilorom Dilxoh
Asar nomiKuyuktut (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Dilorom Dilxoh
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 3-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kuyuktut (hikoya)
Dilorom Dilxoh

Ochlikning azobi tutdi, har kim qoʻli-qoʻnjiga ilashganini yutdi. Avval koʻkka yetdik deb koʻkarganning barisini yeyishdi, keyin, seldrbosh ham qurib qopti, endi oʻlmaymiz, deyishdi. Shunda ham arpa kaplab qancha odam shishib oʻldi. Tirik qolgani bugʻdoy pishigʻiga yetgan boʻldi.

Erman deganning bari urushda, kunimiz oʻzimizga qoldi bu turishda, deb ayolman deganning barining oti oʻroqchi boʻldi.
– Birgad oʻlsin, oy chiqsayam, kun chiqsayam shunga boʻsin ekan-da, – deb belini mahkam tugdi ayollar.
– Otasi volos boʻgan, oʻgay otasining otiminan juripti bu juvonmarg, mardning maydoni u yerda, ayolman qolgan Jovdot birgadding joyi qaerda? – dedi ayollar.

Norsuluv qush uygʻonmay uygʻondi, kechasi bilan quruq chandirni shimib yigʻlab chiqqan goʻdagiga boqib ichi yondi. Chorasizlikka chora topmoqchidek oʻz-oʻziga soʻzlandi:
– Or degani ustun keldi, bunda qolmoq oʻlim boʻldi. Otangam kech ketib, ketganigayam yildan oshdi, ulim. Koʻngli boʻsh odam edi, koʻngilchan edi, oxiri «koʻngilli» boʻp ketdi. Oʻziyam, har nega qoʻl ursa chin pishigʻi minan kirishardi, pashisttiyam iniga quvgʻan boʻlsa kerak, kelganda oldiga jugurip chiqasan, – dedi dadillanib.

Dadil boʻlgani bilan bolasini koʻtarishga beli chidamadi. Katta bir boʻxchani boʻshatib, bolasini bola koʻtarganga oʻxshatib beliga tuydi. Muqaddam chechayam chiqqandir deb, teshikdan uvada choponni olib, qoʻshnisiga ham qarab qoʻydi.

Ozib-toʻzib qoq boʻlgan, eri ketib toq boʻlgan Muqaddam ham erganakdan osilib qoʻshnisini chaqirdi, soʻng yana allaqachon yoʻlga tushgan qiziga baqirdi, anov tosh olmaminan, ayrondanam ozgina oldingmi, dedi. Qizi ham oʻn uchlarni qoralagan esli edi, Samat qoraning qizi emasmi, rangiyam qora tusli edi.
– Ha!.. Samat akam tushingizga kirdimi, azondan turib opsiz?.. – dedi Norsuluv bolasining boshidan tutib oʻroqqa egilar ekan.
– Ey... qoʻysangiz-chi, nima qilamiz, bu kunlaram boshda borakan, bir soʻkish kam-kamda, aynanay, – deb qoʻshnisining qoʻlidagi tugunchani oldi.

Banda yogʻiy boʻlib boshga kulfat solgan bilan Xudo oʻz marhamatini ayamadi, shu yili ariqlarda suv moʻl boʻlib, omoch shudgor qilgan boʻz adirlarda ham bugʻdoy yaxshi boʻldi. Qishloqdan chiqa turib, ikki ayol elda tuyoq zoti qurib, mol ham dalaga haydalmay qoʻyilgan boʻlsa-da hamon oti «Podajotoq» deb ataladigan joydan oʻtib, toʻgʻri bugʻdoy dala boshi – Kuyuktutga qarab ketishdi.

Kuyuktut shunday kuyuktut edi, Xudo suygan suyuk tut edi. Chaqmoq urgan gavdasi qulamagan, biron bad niyatli odam yoʻlamagan. Ichi kuysayam koʻkargan tut, el bilan elning dardini koʻtargan tut. Yomgʻirdan pana, issiqda soya, charchab toliqqanga suyanchiq, misoli qoya. Belanchaklar osilsa alla aytgan, beva-bechoralar kuygan borki, unga qaytgan tut edi.

Hamma kuyuktutni qoralab jam boʻlgan vaqti, vaqti sahar edi. Birgadirning jiyani Salim oqsoq oqsoqlanib dedi: "Bugun bardammisiz, chechalar?.." Eriga ham boshini koʻtarib qaramagan ayollar, koʻzlari yerda, bosh irgʻab ha degan boʻldi. Salim ham soʻragan bilan hammaning ahvoli ne ekanini bildi. Uyam... koʻp chatoq chiqdi, Oysanamni olib qochib xotin qilib shuni uqdi:
– Xotinning bari bir ekan, tillashsang senga tir ekan. Tuvgʻani shu bir qiz boʻldi, yana tilagani biramas, oʻnamas, yuz boʻldi, – dediyu xirmonjoyga ketdi. Kuyuktutdan odam arib, Norsuluv bolasiga imo qilib qoʻshnisi Muqaddam bilan qiziga sekingina hozir, dediyu tutga suyanib yerga oʻtirdi. Bovuridagi boʻxchani boʻshatib, yarim kaft tolqonni doka roʻmolining uchiga loʻnda qilib goʻdagining ogʻziga soldi. Uyqudagi goʻdagi onasini izlab qoldi. Tut soyada uxlaguncha oʻgʻlini «hiyo» ladi, bugʻdoypoyaga kech qolib borganiyam uyaladi. Yelbeshikka ham bir qarab qoʻydi: – Nima boʻlsayam Oysanamning qizi-da, oyparchaga oʻxshaydi-ey, – dedi ichida. Norsuluv oyogʻining uchi bilan yurib ketdi, chekiga tushgan yerni ilgʻab, qolganiga yugurib yetdi.

Yana bir shoxi – qoʻlida belanchak, etagida bir bola kuyuktut qoldi. Kuyuktutning tanasi oʻyiq bir eshik boʻldi. Past shoxida yel tebratgan beshik boʻldi. Yelbeshikni yel tebratdi, shukur qilib oʻz kunini el tebratdi.

Kun qiziganida ish ham qizidi, roʻmoli qiyshayib oʻroqchi ayollarning sochi toʻzidi. Qiyani qiyalab oʻrgan Norsuluvning koʻziga qishloq qorayib koʻrindi. Eri yoʻq, boshegasi yoʻq, koʻziga dunyo torayib koʻrindi. Tutamlagan bugʻdoyi qoʻlida qoldi, Norsuluv atrofga nazar soldi.
– Muqaddam chechaning qora qizi hali yosh-da, orqada qopti, bechora kichkina boʻlsayam oʻroq tutib rizqini topdi, – dedi. – Bolam! – dedi-yu, bola mehrini tuyib ketdi, koʻylagi hoʻl boʻlib, bilsa, koʻkragida suti iyib ketdi.
– Voy ulim! – oʻroqni yerga tashladi, koʻzimas, koʻksini yoshladi. Qulogʻiga olis boʻlsa ham bola yigʻisi eshitildi. Bu yigʻi ovozini qulogʻi emas, koʻngli eshitganday boʻldi. Kuyuktutga yetganida yigʻlagan oʻziniki emasligini bildi. Yelbeshikka chopib bordi, bora solib koʻnglini yordi:
– Ey kuyuktutning ostida uxlagan oy qizim, girgittoning boʻlay oʻzim, senu menga degan kunam bordir-da.

Oysanamning qizi ha deganda yigʻlab koʻnavermadi, koʻzidan yoshi tinavermadi. Norsuluv qizni oldi, olib etagiga soldi, qizni ovutdi:
– Sen manov boʻxchani qara, – dedi, boʻxcha ichida uxlab terga tushib yotgan oʻz oʻgʻliga imo qilib:
– Tolqondi tollisiminan koʻzini ochmaydi, otasining uli-da, qizding yigʻisigayam uchmaydi, – dedi atrofga nazar tashlab. Oysanamning qorasi koʻrinmadi, qora qumgʻonning osti tutab yotar, tut ostiga kim kelib kim ketgani ham bilinmas edi. Uygʻotib emizay desa, oʻgʻli uyquda boʻldi, yigʻlanganni ovutmoqni qiyin bildi.
– Kele...y qizim, enang bilib jotirma, otang gumon qilib jotirma, – deb ena koʻksini qizga tutdi.

Qizam ena ayirmadi, ema turib biram burnini jiyirmadi. Bir koʻkrakni qoqalab boʻldi, yot enada uxlab boʻldi. – Aytmayman, – deb qizni yelbeshikka soldi, soʻng oʻz oʻgʻlini qoʻliga oldi. Tolqonni ogʻzidan olib koʻkragini soldi. U ham uyqusida tolqon emas, koʻkrak soʻrdi, koʻzini ochib oyoqlarini tirab koʻrdi. Kuyuktutda issiqdan qochib chumchuqlar soyaladi, Norsuluv oʻgʻlini yana «hiyo»ladi. Yana ishiga chopdi, koʻkragi boʻshab halovat topdi. Yopiq qozon yopiqligicha qoldi...

Peshinda ayollar yana kuyuktutning ostiga qaytishdi, oʻzlaricha yigiti yoʻq qizlarga hazil qilib qoʻshiq aytishdi:

Kuyov toʻnlar qaviysan,
Yoring qani, yor-yor,
Joʻqdi joʻqlab chiqqani,
Boring qani, yor-yor.
Bir va’dasi bormidi,
Koʻzing joʻlda, yor-yor,
Erman degan olisda,
Oʻzing joʻlda, yor-yor.
Oʻroq tutsang bugʻdoying,
Eshiladi, yor-yor.
Aytmay desang dardga dard,
Qoʻshiladi, yor-yor.

Qizu juvonlar yor-yor aytishdi, Mallaboy oʻzicha oʻnga kirsa ham songa kirgan boʻlib, qora qumgʻonning qorasini moʻylab qilib, qorakuya barmoqlarini yoyib rosa oʻynadi. Ayollar qotib-qotib kulishdi, bir payt otda Jovdot birgadirning yaqin kelib qolganini bilishdi. Bu keliboq soʻkar deb, ayollar koʻzini olib qochib bugʻdoypaykalga yugurgiladi. Salim esa choʻloq oyogʻiga paytava oʻrayolmay shoshib qoldi.
– Jim!.. – dedi Salim ham togʻasiga, koʻrsatkich barmogʻini tutib, chaqaloqlarga imo qilib, aslida esa oʻzi soʻkish eshitib qolishidan, bir qamchi yeb qolishidan qoʻrqdi.
– Ha jiyan! Bu turishda meni juvonmarg qilasan-ov sen, soʻkay desam... – dedi Jovdot birgadir past ovozini balandlatib, bir beshikka, bir Samadga qarar ekan.
– Ey sen mening ovzimgʻa urma! Plan bor, plan!.. Kattadan katta koʻp, zamon bunaqa boʻlsa, – dedi otining jilovini tortib.
– Tushunaman, togʻa...
– Ey! Sen nimaniyam tushunarding esi past, anov Qulmat cholga ayt, bugʻdoy yanchishga yana otini bermasa, oʻlsa oʻliginiyam mozorga qoʻydirmayman, lekin, – dedi koʻzlari battar vajohatdan yonib, tishlari tegirmon toshiday gʻichirlar ekan. Soʻng oti yoʻrtib ketdi, fe’lida, Salimniyam har gapi bilan oʻyib, turtib ketdi.
– Ey!.. – dedi Salim qoʻllariga tiralib oʻrnidan turar ekan. – Senday togʻaniyam... donga toʻygan xoʻrozday qip-qizarib... bu yerdagilar bugʻdoy boshoqday egilib, toʻkilib borayotganini sen qaydan bilasan?..

Salim ham oqsoqlanib xirmonga ketdi. Yana shu kuyuktut uning gʻam kuyugini anglaganday ikki goʻdakni ovutib qolaverdi.

Kuyuktutning boshidan qancha bulutlar oʻtdi, qancha izgʻirin, qancha garmsel uning-da bagʻrini ezib ketdi. U esa eridan «qora xat» olib tul qolgan ayoldek sukut saqlab turaverdi. Oradan besh yil oʻtdi, urushdan kim qaytdi, kim qaytmadi. Har nega koʻnib koʻnikkan el elmasmi, birovga kulib, birovga la’nat aytmadi.

Norsuluvning «koʻngilli» boʻlib ketgan eri esa dom-daraksiz ketdi. Norsuluv yigʻlashini ham, kulishini ham bilmay «koʻngilli» erini kuta-kuta yashashdan koʻngli qoldi. Faqatgina endigina uch yoshdan oshib, "Oting nima?" – degan savolga, – "Muyodjon!" – deydigan oʻgʻliga ovunib endi bor murodi oʻgʻli ekanini angladi.

Vaqt oʻtaverar ekan, erkaklar qaytib Jovdot birgadirning boshi egildi. Kimligi fosh boʻldi, bevayu bechoraning rizqini yegani hazm boʻlmadi. Odamlarning aytishicha hozir ichagining bir kuloch yeri chirib oʻsal boʻlib yotgan yerida, tegishgan qizi ham onasi bilan kelib mol-mulk da’vo qilayotgan emish. Eshitganlar: "Tavba, bedavodan yana nimani da’vo qilishar ekan", – deyishdi.

Samat qora qoʻltiqtayoqda keldi, hozir soʻkishlariga yana soʻkish qoʻshilganmish, faqat ruscha, xotini esa, – shu oʻrischani bilmaganimga ham shukur, – deydi. Qora qizi ulgʻayib otasiga parvona.

Elda gap koʻp-da... Salim opqochib uylangan edi, endi xotini erini opqochganmish... Eshitganlar "Salimam enasinikiga ketipti", – deyishayapti.

Bugun ham Norsuluv qush uygʻonmay uygʻondi. Baxmal jildga – kitoblarning yoniga zogʻoranon, yongʻoq, mayiz, turshak soldi.
– Meni oʻylama, bolam, qoʻni-qoʻshni, togʻalaring bor. Sen oʻqishing kerak, oʻqib odam boʻlsang, elga qoʻshilsang deyman, – dediyu yigʻlab yubordi.

Murodjon onasini murodbaxsh kunlarga qoldirib yoʻlga otlandi. Katta shaharda onasining aytishicha, katta oʻqishga – texnikumga, kirgan emish.
– Voy katta oʻqishmish, anov qishloqdagi Solih tunov kun shaharga borgan ekan, oʻqishdaman deb Murod bir qiz minan juriptiymish, – dedi ayollardan biri.
– Uyat-ey, – dedi yana eshitganlardan biri, – yoʻlidan ozipti, otasi mundaychikin emasdi, enasiga dard boʻlmasaydi, – dedi yana birov. Norsuluv unisiniyam, bunisiniyam eshitdi.
– Oʻzimding bolam, yoʻlidan ozmaydi, hali oʻqib katta boʻp kesa, odamlar bir tilini tishlab qosin, – dedi oʻzicha miyigʻida kulib, ichki bir ishonchi tantana qilib. Murod shunda ham ha deganda kelavermadi.
– Oʻqisham osonmas-da, – deb dalda berdi u yana oʻziga.

Norsuluv tush koʻrdi, tushida Murodjon tinmay, "Ena, mendan rozi boʻling", – der emish. Norsuluv choʻchib uygʻondi, uygʻonsa eshik taqillar, tushimi, oʻngimi, nimaga uygʻonganini oʻzi ham bilmay, yuragi hadik oldi.
– Ey Xudo, yarim kechasi kelgan xabardan qoʻrqaman, Muqaddam chechamikan yo?.. Ishqilib birov oʻtib netgan boʻmasin-da, – dediyu tokchadagi lampachiroqning piligini koʻtarib, boshiga roʻmol tashladi.
– Kim?.. – ovozlari qaltiradi beixtiyor.
– Men! Ena, Murodman! Oching eshikni! – tashqaridan Murodning yigitlarga xos zalvorli ovozi yangradi.
– Voy bolam! – eshikning zanjiri shiqirladi. Ostonada ona bola quchoq ochib koʻrishishdi.
– Bir oʻzim emasman, ena! – Murod orqasiga oʻgirildi.
– A?! – Norsuluv endi gapga ogʻzini juftlagan ham ediki, xira chiroq yorugʻida boshiga katta roʻmol tashlagan, qoʻlida tugun tutgan bir qiz koʻrindi. Qosh- koʻzi pilikday, qizning yuzida tabassumi balqib, chiroq nuridan-da ravshan nur taralganday boʻldi.

Murod, qizga bir nazar tashlab, "endi bir kechaga bizga joy berasiz-da, ena," – dedi. Norsuluvning tili tutildi, ichiga bir dard yutildi.
– Bir kecha nima, ming kechaga joy beraman, – dedi yana yuragi qandaydir bir orziqish tuyib.
– Kiraver, – Murod yana qizga yuzlandi.
– Kiravering, tortinib oʻtirmang, qizim.

Qiz boshqacha iltifot kutgandek hadikda boʻxchasi qoʻlida, sekin devor tubiga choʻkdi. Murod onasining yotgan oʻrniga oʻzini tappa tashlab, yostiqdan onasining hidini izlab sogʻinchdan yuragi hapriqdi.
– Men... u-bu topib kelay boʻlmasa, – sukutni tushuniksiz sukut mavh etganday boʻldi.
– Hech narsa kerakmas ena, tong otsin, aytganday bu keliningiz...
– Oʻzimam...
– Sanobar, tuguningni qoʻysang-chi, – Murod oʻzi yetaklab kelgan qizga yana oʻzi termulib zavqlandi.

Norsuluv tugunga uzanib, hammasini tushunganday boʻldi. Qiz homilador edi.
– Voy oʻlmasam!.. Ha mayli, otang yoʻq... ayb oʻzimdayam... – Norsuluv unsiz yigʻladi. Qiz birdan tugunini koʻtarib oʻrnidan turib qotib qoldi.
– Voy oʻtiring, qizim, qayoqqa?.. Bosham, savdosiyam oʻzimizniki, qayoqqa borasiz... – bu safar uning ovozi mehrli, samimiy va yalinchoq edi.

Xudo Norsuluvga kelin ham berdi, sabr ham berdi. Odamlarning gapiga ham quloq solmadi. Negadir til-zabonsiz qolgandek, tilini ichiga yutdi. Koʻngliga olmasin deb kelinidan ham hech narsa soʻramadi . Kelinini avayladi, ming yillik yolgʻizlikni boshidan kechirgandek, bagʻri toʻlganiga shukur qildi. Murodning oʻqishi chala qolsa ham roʻzgʻor ishlariga berilganini koʻrib, uning yurish-turishida bedarak ketgan erining daragini koʻrganday boʻldi.

Kech kirib yomgʻir sevaladi.
– Men hozir, tandirning ogʻzini yopib kelay, – dedi Norsuluv.
– Men oʻzim, ena... – kelin ingranib eshikdan chiqdi. Norsuluv jun titayotgan joyida keliniga xavotirli qarab qoʻydi.
– E...na!.. – tashqarida zorlandi kelin.
– Hay, kelin, – Norsuluv tashqariga otilib chiqdi. Tandir egniga suyanib dard chekayotgan kelinining oldiga yetib, oʻchoqday oʻtirib qoldi. – Hozir, hozir, aytib qoʻyuvdim, – Norsuluv yigʻlab kular edi.

Murod yomgʻirda ham tashqarida oʻtirdi, Norsuluv oʻgʻlining yelkasiga paxtali choponni tashlab oʻzi ham yomgʻirda oʻtirdi. Norsuluvning koʻzidagi yoshini yomgʻir yuvar, yomgʻirmi, koʻzyoshmi, ishqilib yogʻib turdi. Bir payt ichkaridan chaqaloq yigʻisi eshitildi.

Doya xotin:
– Oʻgʻil! Oʻgʻil ekan, – dedi negadir koʻzi yerda, oʻzi terda. Kechasi zulmat edi, tong yorishdi. Ona-bola suyib-suymalab chaqaloqning oldiga borishdi.

Norsuluv kelinining yigʻlab oʻtirganini koʻrib, yuragi seskanib ketdi, shoshib chaqaloqni qoʻliga oldi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, chaqaloq oq-oppoq tugʻilgan edi, sochiyu kipriklari, hatto lablari ham sutdek oppoq.

Murod tashqariga chiqib soʻkindi, Norsuluv tashqariga chiqib yigʻladi.
– Bu nima, qargʻishmi?.. Yoʻq, Salim oqsoq ham opqochib... A!..

Norsuluv ichkariga yugurib kirdi, kelini yana oʻsha ilk bora eshikdan kirib kelganidagidek qaynonasining vajohatini koʻrib oʻrnidan turib shoshib qoldi.
– Kimning qizisiz, qizim?! Otang, enang kim, deb ham soʻramadim, la’natlab soʻrayapti demasin dedim, ota-enangizni soʻrashgayam tilim bormadi.
– Otam...
– Otangiz... Salim oqsoq emasmi?

Kelin bosh irgʻab «ha» dedi-yu:
– Shunday deyishadi, – deb qoʻydi.
– Onangiz-chi, Oysanammi?
– Ha!..
– Voy men oʻlay, falakning gardishini qara, hech narsa bejavob emasakan... – Norsuluv yana jimib qoldi.

Tashqariga chiqqanida koʻcha boshida kimdir:
– Lampamoy!.. Lampamoy! Chiroqmoy... – deb baqirar edi.

Norsuluv ichkari kirib, tokchadan pul olar ekan, keliniga yuzlandi:
– Menga qoʻshsha qarisalaring boʻgani, bolangizni joni omon, siz kuyinmang, – dedi.

Lampamoy sotuvchi eshagini toʻxtatganida:
– Uch objoʻsh bersangiz boʻldi menga, – dedi. Buni koʻrib atrofdagilar:
– Nevara qulluq boʻsin, mayli koʻproq osin, chaqaloq bor-da, chaqaloqli uy, – deyishdi.

Norsuluv ichkari kirib lampachiroqqa lampamoy solib, piligini yoqdi, qolganini mis obdastaga solib, sekin yoʻlga tushdi. Yurganda ham sekin yurdi, lampachiroqning olovi oʻchib qolmasin, dedi. Koʻrganlar yoqa ushladi:
– Kun koʻrmagan kun koʻrsa kunduz chiroq yoqadi deganlari shu boʻlsa kerak, – deyishdi oʻzlaricha. – Yoʻq, shu keyingi paytlar sal aqlidan adashgan, ulniyam nomusiga qoʻydi, – dedi yana kimdir.

Kuyuktut tutadi, choʻponlar hayron boʻldi: "Oʻzi kuyuktut boʻlsa, yana unga kim oʻt qoʻydi ekan?" – deyishdi. Ammo, yonayotgan tut emas edi...