OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDilrabo Mingboyeva
Asar nomiDilband (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Dilrabo Mingboyeva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dilband (hikoya)
Dilrabo Mingboyeva

Biz uyimizga yetay deb qoldik. Ikki-uchta it bemavrid oʻtkinchidan jahli chiqib, hura boshladi. Sen itning ovozidan qoʻrqma. Bu ham dunyodagi tovushlardan biri.

Mana, yonimizga kelib, mening etaklarimni yalay boshladi. Sezayapsanmi, men itlarning koʻzlariga qaramayapman. Koʻzlarida miltirayotgan ojiz gʻazabni koʻrmaganimiz ma’qul. Sen ularni yomon koʻrma, ular tanimaganlarga shunday muomala qiladi.

Bu – bizning uyimiz. Bu – endigina boʻy choʻzayotgan teraklar bilan shivirlashayotgan arigʻimiz. Bizdan xavotir olib hovliga shoshilib chiqayotgan, bu mehribon odam – sening otang. Ajib qoʻshiqlar kuylayotgan qushlar – sening aka-ukalaring. Tepamizda jimgina termulayotgan xilqat – osmon. Sevsang, sogʻinsang, nafratlansang, unga tikil.

Bu – sening xonang. Bu rangli qogʻozlar, qoʻgʻirchoqlar, yostiqchalar, kitobchalar, disklarga qamalib qolgan multfilmlar – sening mulking.

Yuraqol, ovqatlanamiz. Ovqatning sarasini bizga ilinayotgan otangga qara-ya! Koʻnglim behuzur boʻlib, uydan otilib chiqdim. Oh, erkatoyim, senga bu yemak ham yoqmadimi? Oshxonaga kirib olma yeyaqolaylik! Koʻproq yeymiz-a, yuzlari tip-tiniq sohibjamol boʻlasan! Faqat boshqa toʻpolon qilish yoʻq!

* * *

Bozor toʻla loʻli ayollar va bolalar. Bu yerda bolalar sotilayapti, narx-navo ustidagi talashib-tortishishlar avjiga chiqqan. Men bozor oralab seni qidirdim. Seni topdim. Sen shu qadar oʻzgachasan. «Qizalogʻim», dedim. Sen qaramading. «Yur, uyga», desam, tanimading. «Oyim kelsa, undan olib ketasiz», deding. «Sening oying menman-ku?» dedim. «Yoʻq, oyimdan ruxsat oling, keyin siz bilan ketaman», deding. «Yuraqol, oyingni topa qolaylik, u menga seni berarmikin? Oh, oying qani-ya sening?». Biz oyingni izlab, bozorni necha bor kezdik, qani topila qolsa?! Qani oying? Qani-ya, oʻsha oying?

Toʻlgʻonib uygʻonib ketdim. Sen esa qornimda ti¬nimsiz tepayapsan! Axir, sen vujudimdasan-ku? Men¬man-ku, sening onang! Seni qaylardan qidirib yuribman-a.

Otang hamon uygʻoq. Oʻyga botgan. U yarim tunda nimalarni oʻylaydi? Haliyam sevarmikin oʻsha ayolni?! Ha, ha, u ba’zida menga gunohkorona jilmayib qoʻyadi. Yuragini nima tirnayotganini nahot his qilmasam?!

Uning qoʻlini olib qornimga qoʻydim. Shaddod qiz, yana tepding. Sezayapsanmi, bu otangning iliq tafti, dun¬yodagi eng gʻamxoʻr insonning qoʻli. U seni shu qoʻllari bilan koʻtarib yuradi, himoya qiladi. «Tepishini qarang-a», dedim. U «Ha, ha, ajoyib», dedi. Ammo bu mening koʻnglim uchungina aytilgan soʻz edi...

* * *

Yuzlarimdagi dogʻlar tobora boʻrtib, semirib qol¬dim. Bilasanmi, dunyodagi eng goʻzal ayol kim? Men – sening onang! Koʻz ostimga tushgan mayda ajinlar sen uchun goʻzallik belgisi boʻlib qoladi. Sen esa mening butun orzularim, muhabbatim, hislarimni oʻziga jo qilgan farishtaday qiz boʻlasan!

Vujudimda oʻsayotgan gulim! Seni gullar bilan tanishtiraymi? Kel, yaxshisi, musiqa tinglab, gullarni tasavvur qilish oʻyinini oʻynaymiz. Yoki chigirtkaning ovozini suratga solamiz. Balki biz uchratgan barcha goʻzal qizlarning qiyofasini uygʻunlashtirib, tabiat tasvirini yaratarmiz. Balki dala aylanarmiz! Yur!

* * *

Nega bizdan doʻxtirga borishni talab qilishadi? Bizning ahvolimiz yaxshi, hatto juda zoʻr. Qornim tobora kattalashib, sening dunyoga kelishingga oz qoldi. Sen shundoq yuragim ostida yashayapsan. Dilimni muhabbat bilan payvandlagan – Sen! Oʻzing ularga, oʻz bolasini qargʻaydigan qoʻshni xotindan tortib kitoblarda aks etgan ideal qahramonlargacha, mening koʻnglimdan to eng katta olamgacha boʻlgan yoʻlni bilishingni ayt! Butun olam seni tasdiqlaydi, dilbandim!

* * *

Kuz, qish oʻtib, bahor oxirlab qoldi. Uch fasl qanday sehrli kechdi! Sen bilan birga fasllarni qaytadan tanidim. Bugun ogʻriq jonimdan oʻtdi. Sen bilan diydorlashsak kerak.

Ogʻriq yana iskanjaga oldi. Bizni shoshilinch tugʻruqxonaga keltirishdi. Qorni qappaygan, toʻlgʻoq azobida oʻzini qayoqqa qoʻyishni bilmayotgan sevilgan va sevilmagan ayollar… Har doimgiday hasadim keldi.

Yurak-yuragimdan oʻtib ketayotgan iztirob dodga aylandi. Butun olamni – sevmasligini sir tutish uchun bizni mehrga koʻmib tashlagan otang, yuzlariga armonlar ayamay naqsh solgan onam, barcha gunohlarimni jimgina kechirguvchi otamni unutib chinqira boshladim.

Dard tutgandan tutdi. Jonimdan oʻtdi. Harchand jonimdan olma, oʻlmayman, oʻlishni xohlamayman. Dilbandimni koʻrishim, diydoriga toʻyishim kerak. Yagonam… Goʻzalim… Gulim… Dilbandim…

Dard oʻtib ketdi. Men bolamni oʻzimga berishlarini talab qila boshladim. Doyalarning rangi boʻzdek oqarib, soʻzlagani soʻz topolmaydi. Togʻoraga ishora qilishadi, xolos. Unda esa faqat suv… Faqat suv bor edi.

Chinqirishdan toʻxtadim. Sukunat qa’riga singib ketayotgan edim…

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 6-sonidan olindi.