OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDilrabo Mingboyeva
Asar nomiTalant (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Dilrabo Mingboyeva
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Talant (hikoya)
Dilrabo Mingboyeva

Navbatdagi asarim nashr etildi. Sokinlik tilsimli, sukunat sirlarini olamga yoyuvchi boʻronlar esa undan qudratli. Mening asarlarim – boʻronlar.

Ijodkor tanishlarimizdan biri yangi kitobim bilan tabrikladi. U yaxshi inson va oʻrtamiyona shoir. She’rlariga nisbatan suhbatlari hayajonliroq. Ustiga-ustak butun vujudi bilan roʻzgʻor kishisi. Uning nafis she’rlar yozishiga mana shu xislati monelik qiladi.

U bilan uchrashib, suhbatlashdik. Odatdagidek tingladim. Ammo hamdard boʻlolmadim. Men uchun har qanday tanishuvlar, uchrashuvlar, suhbatlar yozilajak asarlarim uchun «material»gina boʻlib qoladi.

Oʻsha uchrashuvimizdan soʻng uni qayta koʻrmadim. Chunki oramizda boʻlib oʻtgan suhbatni tegishli joylarga yetkazishni adabiyot oldidagi burchim, deb hisobladim. Adabiyot esa hech narsa yoʻqotmadi. Ehtimol, uning nimagadir qurbon etilganligi yillar oʻtib qahramonlik deb baholanar, balki bu uning uchun katta mukofot ham boʻlar. Biroq adabiyotda uning unutilishi hozirgi oʻlimidan-da achinarliroq emasmi?

Oʻzi bilan soʻzi bir yozuvchi doʻstim bor. Uchrashib qolsak, gunohkordek yuragim bezovtalanadi. U iste’dodli yozuvchi, goʻyo bogʻida biror begona oʻt oʻsmaydigan bogʻbon. Yozganlari yorugʻ asarlar, mening romanlarim kabi shuhrat qozonganicha yoʻq. Kitobxonlar – oʻzlarini bagʻishlab yashashni xush koʻruvchi, nimanidir axtarayotgan kishilar. Ularni oliy haqiqatlar emas, noma’lum baxt, javobi yoʻq savollar, orzu qilingan xayoliy qahramonlar qiziqtiradi. Kitobxonlar nimani xohlasa, shularni yozayapman va ularning olqishlariga sazovor boʻlayapman.

Afsuski, doʻstimning shuhrat topishga ishtiyoqi yoʻq. U ijoddan-da muhim va zarur haqiqatni biladigandek hamisha xotirjam yashaydi. Uning bu koʻngil toʻqligi yuragimga gʻulgʻula soladi. Suhbatlarimiz ham doim munozarali. Doʻstim:

– Yozuvchi e’tiqodi asar mohiyatini belgilaydi, – deydi.

Men esa:

– Yozuvchi uchun adabiyotning oʻzi iymon-e’tiqod boʻlishi ham mumkin, – deyman.

– Adabiyot, jumladan, har qanday ilm hayotdagi mavjud haqiqatlarni tasdiqlaydi, xolos, oʻz holicha yaratuvchi boʻlolmaydi.

– Qalbni barkamollikka eltuvchi, farovon yashashni oʻrgatuvchi kitoblarga nima deysiz? Adabiyot – abadiy va u ideal qahramonlarni yaratadi, yozuvchilarga umrboqiylik bagʻishlaydi.

– Soʻzlaringizni adabiyotga boʻlgan fidoyilik deb tushunish mumkindir, ehtimol. Ammo uning abadiyligiga ishonolmayman. Siz nazarda tutgan farovon hayot esa bizni hayotni anglash imkonidan mahrum qilishi ham mumkin.

– Shuningdek, yoʻqchilikda ham insonlar yaxshiroq, farovonroq yashashga intilib, umrini boy berishi mumkin. Bunday kishilarda hatto «Hayot nima uchun berilgan?» degan savolni oʻz-oʻziga berish fursati boʻlmaydi. Chunki «Qanday qilsam, yaxshiroq yashayman?» degan oʻy ularning hayot mazmuniga aylangan.

– Aslini olganda, farovon va nochor hayot muhim emas. Ularning mezoni bitta – qanoat bilan belgilanadi.

– Lekin adabiyotda qanoat tushunchasi boʻlishi mumkin emas. U yuksalishi kerak, tamom-vassalom.

Doʻstim ijod haqiqatni anglash uchun bir vosita, deb hisoblaydi. Men haqiqat ham, hayot ham adabiyotning oʻzi, deb bilaman.

Doʻstimning yangi romani nashrdan chiqib, oʻquvchilar orasida keng tarqaldi. Oʻqib chiqib, koʻnglim gʻashlandi. Asarning «gʻoyaviy buzuqligi, shubha uygʻotuvchi» ekanligi haqidagi fikrimni atrofimdagilarga, tanqidchilarga uqtira boshladim. Keyin koʻpgina voqealar oʻz-oʻzidan roʻy berdi – bu roman haqida yozuvchiga xavfli aybnomalar qoʻyayotgan maqolalar bosilib chiqa boshladi. Bu talotoʻpni boshlab qoʻyib, oʻzim tomoshabinga aylanib qoldim. Oxirgi daqiqalarda nimadir chora koʻrishim zarur edi. Va shunday qildim ham. Maqolam chop etilgach, doʻstimning qamoqqa olinishini kutgan edim. Bunday boʻlmadi. Doʻstim tildan qoldi.

Ijodkor doʻstlarimizning koʻpidan ayrildik. Ha, botir botir emas, jon saqlagan botir.

* * *

Rafiqam uydan ketib qoldi.

U: «Ogʻayningizning oqlanishida yordam berishingiz mumkin edi. Nima uchun sudga bormadingiz?» – deb soʻradi. Unga bunday niyatim umuman boʻlmaganligini aytmoqchi boʻldim. Biroq buning oʻrniga u tushunishi mumkin boʻlgan yagona holatni roʻkach qilgim keldi: «Oʻsha paytda falon asarimni yozayotgandim, sudga borishni unutibman. Oʻzing bilasan-ku, yozayotganimda hamma narsani unutaman», – deb qoʻyaqoldim. U birinchi marta bundan hayratlangandek koʻzlarini katta-katta ochib qaradi. Keyin koʻzini olib qochdi. Nazarimda, yolgʻon gapirganim uchun uyalib ketdi. Ha, bundan boshqa vaziyatlarda ham uni aldasam, soʻzlarimga ishonmayotganini sezib qolmasligim uchun koʻzlarini olib qochardi.

Keyin bir soʻz demasdan narsalarini yigʻishtira boshladi. Bir kuni kelib ajrashib ketishimizni ich-ichimdan his qilib yashardim. Lekin biron soʻz demasdan tashlab ketishi alam qilarkan. Chidolmadim. «Bugun qattiq asabiylashganga oʻxshaysan, damingni ol, ertaga ketarsan?» – dedim. Uning esa menga qayrilib qaragisi ham yoʻq edi. Nazarimda, gapirganim sayin ojizligimni fosh qilib qoʻyayotgandek edim. Shunda eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdim. Ketsa ketaversin.

Aslida uning yonimdaligi koʻproq azob beradi. Uning har bir soʻzi, qarashlari, harakatlarida menga nisbatan muhabbat zohir edi. Asarlarimni birinchi boʻlib va ayricha mehr bilan oʻqirdi. Uyga kech kelsam, uxlamay kutar, koʻzlaridagi hadik va xavotirni mendan yashirar, savollarga koʻmib tashlamas, goʻyoki qachon kirib kelgan boʻlsam-da, shu kelganimning oʻziyoq unga yetarlidek tutardi oʻzini. Dastlab bu holat vijdonimni qiynadi, keyinchalik nafratimni qoʻzitadigan boʻldi. U goʻyoki meni parvarishlash, sevish va ardoqlash uchun yuborilgan bir farishta edi-yu, men uning qalbidan oziqlanib, iztiroblariga siyoh botirib asarlar yozayotgan, yozayotib jazavaga tushayotgan iblis edim. Oh, bu ajoyib fikr! Bu haqida shoh asar yozaman!!!

Navbatdagi shuhrat qozongan romanimdan soʻng yuzlab maktub oldim. Ularning aksarida: «Kitobingizni oʻqib qattiq ta’sirlanganimdan koʻz yosh toʻkdim», deb yozilgandi. Men esa, yaqinlarimning muhabbati va hayoti asarim uchun bor-yoʻgʻi «xomashyo» boʻlib xizmat qilganiga oʻzimga achinib ketdim.

* * *

Sizga hayotimda kechgan ba’zi voqealarni roʻy-rost hikoya qilib berdim. Tuygʻularimni kam soʻzladim. Chunki bu voqealar qalbimda roʻy bergani yoʻq, hammasini aql bilan qildim, adabiyotni dedim. Qalbimga quloq solmadim, u meni xarob qiladi, deb bildim. Hissiyotlarimga ishonmadim, ular oʻzgaruvchan, oʻtadi-ketadi, dedim. Aqlimga koʻra yashadim. Aql barhayot, deb oʻyladim. Ayniqsa, adabiyotning abadiyligi qiziqtirardi meni. Yozish – haqiqiy hayot edi. Aslida esa tuygʻularim bilan aqlga yetib kelishim va shunday yozishim kerak ekan.

Osoyishtalik hukm surdi. Asarlarim – boʻronlar unutila boshladi. Hozir aqlim yetgani shuki, yosh avlodni qoʻllab-quvvatlashim, qoʻlimdan kelganicha yaxshiliklar qilishim, boshini silashim kerak. Shunda yana bir avlod yaxshi nom bilan eslab yurishi mumkin.

Asarlarim qanchalik uzoq yashaydi? Bilmayman. Ammo yozishim shart.

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 6-sonidan olindi.