OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDilshod Muhammadrajab
Asar nomiOʻkinch (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Dilshod Muhammadrajab
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻkinch (hikoya)
Dilshod Muhammadrajab

«Dadajon. Qishloqda hamma yaxshi. Men, ukalarim, bobom – hammamiz sogʻ-salomatmiz. Men yettinchi sinfda oʻqiyapman. Baholarim hammasi «5».

...Sigirimiz tugʻdi. Bobom sizning kelishingizga atab boqayotgan qoʻchqorimizni Ikrom amakining toʻyiga toʻyona qildilar.

...Sizni yangi yilda Qorbobo boʻlib keladi, deb koʻp kutdik. Kelmadingiz. Onamning aytishicha, men maktabni tugatadigan yili, bahorda kelarkansiz. Lekin bobom tez-tez kasal boʻlib qolyaptilar. Shu yil uzum pishigʻida u kishi toʻqsonga kirarkanlar. Sizni doim duo qiladilar...»

Avvallari uyga qaytishni oʻylasa, koʻz oldidan birin-ketin norasidalari oʻtar, hatto ularni tez-tez tushida ham koʻrardi. Ayniqsa, kichik oʻgʻlining begʻubor nigohlari uni doim ta’qib etgandek boʻlaverardi.

Kattalari-ku, mayli, dadasining kimligini, qaerdaligini yaxshi bilishadi. Kichik oʻgʻli uch oylik chaqaloq edi, tuzukroq erkalamabdi ham. Shuncha yil oʻtib, uyga kirib borsa-yu, «men otangman» desa...

Har gal bolalarini koʻz oldiga keltirishga harakat qilar, ammo ularning chehralarini aniq tasavvur qilolmasdi. Faqatgina katta oʻgʻlining ikki enlik xatlari orqali koʻp narsadan xabardor boʻlishga harakat qilardi.

Avf etilganlar orasida oʻzining borligiga ishonch hosil qilgan Murodali chuqur entikdi. Ikki qoʻlini boshi orqasiga qoʻyib, yutindi.

Besh yillik «qadrdon» karavotning gʻijirlashi bu tun har galgidan ham yoqimsizroq tuyular edi.

«…Tong otishiga hali ancha bor. Buncha choʻzildi bu kecha! Yo tavba, hatto bu yerga kelgan birinchi kunlarim ham tez oʻtgandi xayolimda. Kechagacha oldindagi ikki yilni oʻylab ham koʻrmagan ekanman. Umid ham yoʻq edi-da. Kimim ham bor orqamda… Haqiqat bor ekan, kechirishdi.

Advokat degani ham qiziq ekan-da. «Zaring yo zoʻring boʻlmasa, nima qilasan meni yollab», deydi. Nuqul pul soʻraydi. Otamning bir umrlik topgani ketdi-ku, baribir… olarini olib, oxirida qoʻl siltab ketganiga nima deysan nomardning!

Uf-f… boshingga tushmasa hech narsani tushunmas ekansan-da. Oʻzimni himoya qilishga joʻyali gap ham aytolmadim oʻshanda. «Aybdorman, urdim, ozgina ichganim ham rost», deganim-chi! Uning asfaltga yiqilib tushib, kallasini yorib olishi kimning xayoliga kelibdi. Yana «hayot uchun xavfli» emish.

Hech kim xayrixoh boʻlmadi qora kunlarimda, hamma oʻgay koʻz bilan qaradi. Hayotda faqat pichoqning dastasidan emas, ba’zan tigʻidan ham ushlashga toʻgʻri kelishini qaerdan bilibman.

... Oʻsha bir tarsaki bilan ahmoq aqlli boʻlmagani aniq, lekin mening roʻzgʻorim, hayotim, umrim sinib ketdi-ku.

Endi men kim degan odam boʻldim?

Qishloqqa qanday qaytaman, nima ish qilaman?

«Oʻtirib kelgan», deya qoʻlini bigiz qilishadi. Sandiqdagi diplomni boshimga uramanmi? Endi maktabga borolmasligim aniq...»

Soʻnggi kunlarda nima uchundir munkayib qolgan otasining «Bolam, besh yil chidadim. Endi bardoshim yetmas-ov. Tezroq uyga qaytmasang, koʻzim ochiq ketadi», degan soʻzlari Murodaliga tinchlik bermasdi.

Xayriyat, avf etishdi. Qani endi hoziroq bu yerdan uchib ketsa.

Shom mahal xayollari chuvalashib, boshi gʻovlab piyoda ketayogan Murodali yoʻlovchi mashinaning ketma-ket signalidan oʻziga keldi. Xayriyat, kech boʻlsa-da, qishlogʻiga yetib oladigan boʻldi...

Murodali qishloqqa yaqinlashganda, saratonning chirildoq chigirtkalaridan boshqa bari jonzot uyquga ketgandi. Uylari siyrak qishloqning yakkam-dukkam chiroqlari koʻringach, mashinadan tushib, bu yogʻiga yayov ketdi.

«Qanday boraman uyga, bolalar uxlashgandir!»

Uning chalkash xayollarini yaqindan eshitilayotgan qoʻngʻiroq ovozi va choʻponning «qurey-qurey»i buzdi. Mashinadan kimningdir tushib qolganini koʻrib turgan choʻpon u tomon ancha yaqinlashib qolgandi.

Murodali tanidi. Hoshim choʻpon-ku! Hech ham oʻzgarmabdi.

Murodalining koʻngli yorishdi.

– Assalomu alaykum, Hoshim bobo! Hormang, men… Murodman!

– Ha, jigarim, bormisan? Keladi, deb eshitib edik. Kutaverib, koʻzimiz toʻrt boʻldi-ku, bolam...

Hoshim choʻpon Murodalini bagʻriga bosdi. Boshini sarak-sarak qilib, yelkalari silkinganicha eshitilar-eshitilmas bir necha bor «hay, attang, hay attang», deya pichirlab qoʻydi.

Qoʻylarni qir tomondagi yotogʻida qoldirishib, yoʻlga tushishdi. Nimalarnidir soʻramoqchi boʻlayotgan Murodali Hoshim choʻpon boshlagan yolgʻizoyoq yoʻldan jimgina kelaverdi.

Qishloqqa yetay, deb qolishganda choʻpon yorildi:

– Oʻgʻlim, sen yosh bola emassan. Koʻp narsani koʻrib qoʻyding. Boshing toshdan boʻlsin, ilohim. Bu yogʻiga mahkam turasan-da endi...

Hech narsaga fahmi yetmagan Murodali choʻpon qorongʻida timirsikilanib qabriston tarafga burilganida, koʻngilsiz hodisani sezganday a’zoyi badani qaltiray boshladi.

Hali tuproqning nam hidi ketmagan, doʻmpayib turgan yangi qabr yonida toʻxtashdi. Hoshim choʻpon qabr oldida choʻk tushib qiroat bilan qur’on tilovat qila boshladi.

Oxirgi marta rahmatli onasini qabrga qoʻyganda mozor koʻrgan Murodali hech narsaga tushunmadi, yerga tikilgancha tilovatga quloq tutdi.

Pichirlab oʻqilgan duodan soʻng Hoshim choʻpon taskin berishga urindi:

– Murodali, bolam, buyogʻi endi bandalik. Ikki kun boʻldi, boboyni berib qoʻydik...

Murodali boshqa hech narsa eshitmadi. Oʻpkasi toʻlib, oʻkirib dodlagancha nam qabr tuprogʻiga oʻzini otdi...

«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 7-sonidan olindi.