OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifDilshod Nurullayev
Asar nomiBayramdan keyingi bayramlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Dilshod Nurullayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm46KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/24
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 4-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Bayramdan keyingi bayramlar (hikoya)
Dilshod Nurullayev

«
«Patir emas, uning orzusi ushalgandek boʻldi».
«Gʻorgʻoyib...»dan
»

Xudoning bergan kuni shu: ertalab nonushtaga soat sakkizga taqab turiladi, apil-tapil nonushta: u-budan chimdib yeyilgan, uch-toʻrt hoʻplam choy ichilgan boʻladi, toʻqqizga yetib olishingiz kerak xizmatga, tramvayga osilasizmi yo qanot qoqib uchib kelasizmi, qizigʻi yoʻq bizga, toʻqqizmi ishda boʻling, boʻlasiz, boʻlmay qayoqqa borardingiz, xizmat: behisob qoʻngʻiroqlar, oq varaqni qoralashlar, soat zangi 18.00ni urib qoʻyganini sezmay qolgan paytlaringiz ham boʻladi ora-chora, koʻp emas, asosan ishga butun vujudingiz bilan shoʻngʻib ketganingizda yo... qoʻying, xizmat, xizmat, deb kalavaning uchini chuvalashtiravermaylik, koʻpni koʻrgansiz, bilasiz, bilasiz-e shu xizmatda nima boʻlishini, toʻgʻri ba’zan ish xuddi yangi yil oldidan boʻlganidek shunaqangi qalashib ketadiki, qay biridan boshlashni bilolmay qiynalasiz, vijdoningiz qiynaladi, yoʻ-oʻ-oʻq, darrov emas, keyinroq, keyin, avval nafas rostlab uch-toʻrt kun oʻtsin, yangi yildagi birinchi ish kuni kelsin, ana oʻshanda qoʻngʻiroq asabiy jiringlaydi, goʻshakni olasiz, xoʻjayinning dargʻazab dagʻdagʻalarini tishingizni-tishingizga qoʻyib eshitasiz, ha darvoqe, xohlaysizmi, eshitmaysiz shularni, olimlar yoʻlini topishibdi, xayolingizni boshqa, umuman boʻlak bir narsaga chalgʻitasiz, nimaga boʻlishi mumkin, soʻnggi bor kimnikiga mehmonga borgandingiz, ertaga qoldirmay bugunoq bozor qilishingiz kerak, xotiningiz ketar chogʻingiz qayta-qayta tayinlagandi, koʻtarildimi yodingizdan, juda boʻlmaganda Dostoevskiy «Jinoyat va jazo»sining bir yuz sakkizinchi bet uchinchi qatoridagi jumlani xayolingizda tiklang, magʻzini chaqib koʻring, ammo goʻshakka oʻqtin-oʻqtin «xoʻp», «xoʻ-oʻp» deb turishni unutmang, ana, ana, boshliq oʻziga kelayapti, tushayapti jahldan, aniq-aniq chiqayapti jumlalar endi, marhamat, quloq tuting-chi, bilib olasiz aybingizni, ha-ya ikkinchi darajali ishlarni bajarib, eng muhimi, eng zaruri, xoʻjayin yuqoriga uzatmoqchi boʻlgan hujjat qoʻlingizda qolibdi-ku, attang, attang, yana yeng shimarasiz, xoʻjayindan xafa boʻlmaysiz, gina qilishga haqqingiz ham yoʻq, axir u jigʻibiyroni chiqib urishganida xayolingiz tamom boshqa yoqda: soʻnggi bor kimnikiga mehmonga borganingiz, xotiningiz ketar chogʻingizda qayta-qayta tayinlagani – ertaga qoldirmay bugunoq bozor qilishingiz kerakligi, boringki, Dostoevskiy «Jinoyat va jazo»sining bir yuz sakkizinchi bet uchinchi qatoridagi jumlani xayolingizda tiklab, magʻzini chaqib koʻrishda boʻlgandi, shundaymi, shunday deng-da, boyagi hujjatni yumaloq yostiq qilib tayyorlang, xoʻjayin yuqoriga uzatsin, rahmat eshitsin, xoʻjayin olgan rahmat sizniki, sizga tegadi ta’na-dashnomiyam, bilarkansiz, tezroq, tezroq, qimirlang, xayolingiz boʻlinmasin, ie, yana bozor qilishni oʻylayapsizmi, oldin topshiriqni bajaring, u yogʻi bir gap boʻlar, bozor hech qayoqqa qochib ketmagan, ketmaydiyam, hozirgi bozorlarning doʻkondan farqi yoʻq, chirogʻi bor, kechasiyam hammayoq yop-yorugʻ, bemalol olmami, kartoshkami, piyozmi, nima kerak edi oʻzi, bir-ikki bogʻ koʻkatlardan olish esingizdan chiqmasin-a, koʻkat miya faoliyatiga yaxshi ta’sir koʻrsatadi, Ibn Sinoning oʻzi yozgan, yana bilmadim, shunday deyishadi-da, aytishlaricha, tovuq, baliqlarning miyasini yesangiz, miya faoliyati faollasharmish, ha darvoqe, tovuqmiya iborasi salbiy ma’noda ishlatiladimi, ijobiymi, buni mayli hech bir aloqasi yoʻq bizga, qani hujjat boʻp qoldimi, xoʻjayin betoqat, ana qoʻlini goʻshakka uzatmoqchi, soʻramoqchi sizdan, yoʻq hadeb asabiylashaversa ham boʻlmaydi, asta-sekinlik bilan, yarim iltimos tarzida desa toʻgʻri boʻlar, ha, ha, soʻramoqchi-ya sizdan, boyagi bitib qoldimi, zarur edi-ya, koʻnglingiz iltimosdan yumshab ketadi, qurmagur koʻngil nozik-da, uncha-buncha gapni koʻtarolmaydi, koʻtarishining hojatiyam yoʻq, polvonmidiki tosh, yuk koʻtarsa, alalxusus koʻngil koʻngilligini qilsin, yana, yana aytishadi-ku boshim kal, dilim nozik deb, boshliqqa hozir boʻladi, ho-o-ozir... deb qoʻyasizu yana gʻayrat bilan ishga shoʻngʻiysiz, nuqtasi qurimay, vo-oy, nuqta qoʻydingizmi, axir bu uzundan-uzoq kechmishning nuqtasi bitta boʻlishi kerak emasmidi, boʻlgan ish boʻpti, oʻtgan ishga salavot, boshqa nuqta qoʻymaymiz-da endi, xullas kalom hujjatning nuqtasi qurimay, huzuriga yoʻl olasiz boshliqning, eshikni gʻiyqillatib ochasiz, nega hamma eshiklar gʻiyqillab ochilishi sizga ayon, bundan toʻrt oy burun majlisda kashf qilgandingiz bu sirni, majlisda muhim masala hal qilingandi oʻshanda, siz ham qarorga qoʻshildingiz, qoʻlingiz koʻtarilgani bunga guvoh, aslida esa majlisda emasdi xayolingiz, u qurgʻur shu, xuddi mana shu boshliqning hamisha gʻiyqillab ochiladigan eshigida edi, oʻshanda eshikka rahmingiz kelgandi, toʻgʻri-da hozir majlis tugaydi, har kim kayfiyatiga qarab: kimdir ohista, kimdir tars etib yopadi eshikni, kuniga boshliq huzuriga kirib chiqadiganlar qancha, ishlari bitsa-ku xoʻp-xoʻp, bitmasa eshikning shoʻri: tarsillatib yopishadi, noroziliklari, jahllari chiqqanini, boshliqqa nisbatan munosabatlarini shunaqasiga bildirmoqchi boʻlishadi, aslida bu gʻiyqillash emas, yoʻq, yoʻq, aslo, bu eshikning «munojot»i, bechora eshik, jabrdiyda eshik, sening figʻoningga beparvo oʻtib ketaveradi hamma, sen esa, sen esa, yana va yana, qayta-qayta gʻiyqillab ochilaverasan, yopilaverasan, bu bilan qaygʻungni haydamoqchi, yupatmoqchi boʻlasanmi oʻzingni, xullasi kalom eshik yana gʻiyqillab ochiladi: boshliqning huzuridasiz, boshliq kim bilandir gaplashmoqda, tanishi boʻlsa kerak ochilib-sochilib gaplashyapti, iloji boʻlsayu gaplashaversa, gapi tugamasa, qoʻl ishorasi bilan oʻtirishingizni bildiradi, oʻtirasiz, hali-beri gap tugamaydigan, boshliqning shoshirgani nima boʻldi-yu, mana endi nihoyat, qancha asabbuzarlik, ming bir ohanjamadan keyin manavi hujjat tayyor esa-da, hech kimga, hech kimga kerak boʻlmay qolsa, hattoki shoshirib isi-bisiga qoʻymagan boshliq qoʻlingdagi nimasi deb qiziqmasa, ahmoq boʻlib shoshganingiz qoldi, nimagayam hovliqdingiz oʻzi, hovliqmay yana uch-toʻrt kunda tayyorlab bersangiz boʻlardi-ku shu zormandani, yoʻq, bugun kerak edi shu, bugun, boshliq sizga qoʻngʻiroq qilmadi, asabini buzib oʻtirganiyam yoʻq, asabi oʻzigayam asqotadi hali, hattoki oʻsha damda xayolingiz allaqanday mehmonga borish, bozor qilishu Dostoevskiy «Jinoyat va jazo»sining bir yuz sakkizinchi bet uchinchi qatoridagi jumlaning magʻzini chaqishda boʻlmagan, boʻlolmasdi ham, axir qanaqasigayam boʻlishi mumkin, boshliq sizni hecham bezovta qilmagan, xira pashshadir, boring chivindir, boshliq emas, qandaydir boʻlmagʻur hujjatni soʻrab qistash shunday baobroʻ boshliq sha’niga toʻgʻri keladimi, boʻlmagan ga-ap, hammasini oʻzingiz toʻqib chiqargansiz, boz ustiga boshliq huzuriga bostirib kirib muhim gapga pashshaxoʻrda boʻlib oʻtiribsiz, uyalsangiz boʻlardi, qizaray demaysiz-a, bekorchilik shu-da, bema’ni xayollarni keltirib chiqaradi, qoʻyib bersangiz dam Sherlok Xolms boʻlib chigal jinoyatlarni fosh qilasiz, dam Arnold Shvartsneggerdek yovuzlarning katta guruhiga yakka oʻzingiz chiqasiz, dam... dam xuddi boyagidek boshliqni goʻshakka qarab uzalishga majbur qilasiz, boshliqqa boʻlmagʻur ta’na-dashnomlarni ayttirib, oʻzingizga shu hujjatni tezlatishni tayinlatasiz, keyin, keyin... u yogʻi zanjirdek ulanib ketadi, siz yeng shimarasiz, tezroq hujjatni bitirmoqchi boʻlasiz, xayollaringiz bugun, ha, ha, aynan bugun, xotiningiz tayinlagan, bugun qilishingiz kerak boʻlgan bozorga ketadi, birdan yana qoʻngʻiroq jiringlaydi, boshliq tezroq bitirsangiz deya iltimos qilgan chiqadi, koʻnglingiz yumshaydi, hozir, hozir, deysizu yigʻasiz xayollaringizni, yana gʻayrat bilan ishga shoʻngʻiysiz, afsus, yana bir bor afsus: nuqta qoʻyasiz hujjatga, nuqtasi qurimay bitgan hujjatni qoʻltiqlab, boshliqning huzuriga yoʻl olasiz, eshik yana gʻiyqillaydi, bu bizning nazarimizda xolos, siz esa bu gʻiyqillash emasligini yaxshi bilasiz, bu eshikning«munojot»i, gʻiyqillab ochiladi, gʻiyqillab yopiladi, bu bilan qaygʻusini haydamoqchi, oʻzini yupatmoqchi boʻladi u, boshliqning huzuridan qaytar chogʻingiz, iltimos, oʻtinib soʻraysiz bizdan, eshikni yopmang tarsillatib, shoʻrlik eshikka rahmingiz kelsin, noroziligingiz, jahlingiz chiqqani, boshliqqa munosabatingizni shunaqasiga, eshikni tarsillatib yopib, bildirmay qoʻya qoling, deya yolvorasiz, bu haqiqatning tagiga ham qoʻqqisdan, muhim masala hal qilinayotgan, qarorga siz ham qoʻshilgan, bunga tasdiq ma’nosida koʻtarilgan qoʻlingiz guvoh, majlisda, ha, ha, majlisda yetgandingiz, va xullasi kalom eshikni ochib, boshliqning huzurida hozir boʻldingiz, qoʻltigʻingizda siyohi qurimagan zormanda, ming bir ohanjama, tavallolar evaziga taxt boʻlgan hujjat, boshliq, ha, xabaringiz bor-ku, tanishi boʻlsa kerak, aniq tanishligi, shubhaning oʻrni emas, yuqo­ridagilar bilan bunchalar ochilib-sochilib, yozilib gaplashmagan boʻlardi, bunga yuz foiz aminsiz, boshliq qoʻl ishorasi bilan oʻtiring deydi, oʻtirasiz, oʻtiraverasiz, gap hali-beri tugamaydigan, boshliqning isi-bisiga qoʻymay shoshirganidan achchiqlanasiz, shu zormandani ahmoq boʻlmasam, uch-toʻrt kunda bemalol tayyorlab bersam boʻlardi-ku, deysiz oʻzingizga oʻzingiz, yana ming bir xayol oʻtadi boshingizdan, xayollaringiz tizgini toʻxtamaydi, bir-biriga zanjirdek bogʻlanib ketaveradi, agar boshliq gapiraverganida, sizga e’tibor bermaganida, qarang-ki, moʻ‘jiza yuz beradi, boshliq qisqa qiladi oxir gapni, axir qancha chidash mumkin, bardoshi tugamasin xodimining, qoʻltigʻidagi anavi zormanda bilan ushbu keng va yorugʻ xonada qancha muddat oʻtirgani yolgʻiz parvardigori olamga ayon, koʻrinishi faromush, charchabdiyov, ochiq havoda aylanishini maslahat solaman, xayolidan oʻtkazadi boshliq zimdan, suhbatdoshiga salomat boʻling, deydi-da goʻshakni shartta joyiga qoʻyadi, har bir narsa oʻz joyida tursa chiroyi bundan ham ziyoda boʻlarkan, buning yaqqol isboti mana oxir-oqibat oʻzining qadrdon oʻrniga qaytgan qadrli goʻshak janoblari, boshliqning koʻzoynak ostidagi hissiz nigohi sizga, ha, ha, aynan yoʻnalganini ham payqamay qolasiz, boshliq xayolingiz faromushligini boyayoq sezgandi, charchadingizmi deyman, ochiq havoda biroz aylaning, toʻrt devor orasida oʻtiraversa odam siqilib ketadi, hujjat tayyor boʻlgandir, koʻrib chiqaman, tashlab ketaqoling, deydi, noqulay vaziyat yuzaga keladi, bilmay ayollar hojatxonasiga... obbo, boʻlak oʻxshatish yoʻqmi-a, axir siz hozirgina boshliq bezovta qilmaganiga, hamma-hammasini oʻzingiz toʻqib chiqarganingizga iqror boʻlib turgandingiz-ku, boshliq esa, qoʻltigʻingizdagi manavi hujjat, zormandani tashlab ketishingizni, oʻzi koʻrib chiqishini aytayapti, demak boshliqning qoʻngʻirogʻi, eshikning gʻiyqillashi, boshliqning asabiy gaplari, xayollaringiz bozor-oʻchar, mehmon, Dostoevskiyning «Jinoyat va jazo»siga ketgani, bari, bari haqiqat ekan-da, shunisiga shukr, demak hujjatni tezlatganingiz ayni muddao boʻlibdi, xoʻjayin uni koʻrib chiqib yuqoriga uzatadi, rahmat eshitadi, xoʻjayin eshitgan minnatdorchilikdan sizam xursand, binobarin hujjatdan keladigan rahmat ham, la’nat ham sizga nasiba ekanligini bilasiz, qoʻltigʻingizdagi hujjatni xoʻjayinning ish stoliga qoʻyar ekansiz, koʻzingizning bir qirrasi beixtiyor nuqtaga tushadi, siyohi quribdi, demak siyohining hali qurib ulgurmagan vaqtidan siyoh qurish vaqtigacha bir muddat oʻtgan, siz ham umringizning ma’lum muddatini ortda qoldirdingiz, ammo oʻtgan umrning qadri haqida uzundan-uzoq mulohazaga hojat yoʻqki, siz ham kimningdir hojatini chiqardingiz, hojatbarorlik ila hujjat tayyorladingiz, ushbu hujjat kechayotgan besamar umringizning qogʻozdagi aksimi yoki boshqami, farqi yoʻq, muhimi yoʻl yoʻq ortga, hozir boshliqning huzuridan chiqasiz, gʻiyqillaydi eshik, keyin boshliq aytganiday ochiq havoga chiqasiz, oromijon havodan toʻyib-toʻyib nafas olasiz, boshliq har qachongidek haq, toʻrt devor orasida oʻtiraversangiz ham yurak siqilib ketadi, togʻlarga chiqqisi, keng, bepoyon qirlarda qanot yozgisi keladi yurakning, ammo iloji yoʻq buning, hozir, yana bir necha soniya ochiq havoda rohatlanasizu oʻz kulbangiz – ishxonangizga biqinib olishga majbursiz, qogʻozlar kutyapti sizni, ular hozircha qogʻoz, shu qogʻozlarga nimalarnidir qoralaysiz, bosh qotirasiz, gʻijimlaysiz, qogʻoz toʻla chelakka tashlaysiz, boshqatdan yozasiz barini, oxiri qogʻoz boʻysunadi amringizga, hujjat boʻladi, shu damdan e’tiboran hech bir ahamiyatsiz qogʻozning obroʻsi beqiyos darajada ortadi, hisoblashmasangiz ishingiz pachava, yoʻqotib qoʻying, boshingiz qolar baloga, axir bu qandaydir hojatbop qogʻoz emas, hujjat-a, bu hujjat balki minglab insonlarning taqdirini hal qilar, balki sizga hech kutilmaganda bir sovgʻami, biror bir buyummi ato qilar bu hujjat... hujjatning ahamiyatini bilib turib indamaysiz-a, he, xayol qursin-a, boshliqning xonasida ancha oʻtirib qolibsiz shekilli, boshliqning tilla suvi yuritilgan gardishli koʻzoynagi ostidagi qoshi chimirilayapti, aft-angorida allaqanday tashvish alomatlari bormi-ey, darrov qoʻlingizdagini stolga qoʻyasiz, xayr-ma’zur qilib ochiq havoda aylangani tashqariga yoʻnalasiz, eshik gʻiyqillaydi, oʻ shoʻrlik eshik, yana bir bor eshikka achinasiz, bardosh tilaysiz unga, asta-sekinlik bilan yopasiz uni, hech boʻlmasa siz, uning yagona gʻamxoʻri, bechoraning koʻngliga ozor bermay dalda boʻling, tashqarida boshliqning huzuriga kirish uchun uch-toʻrt kishi toʻplanib qolgan ekan, hammasi gurra eshikka yopishadi, toʻxtanglar, toʻxtang birodarlar, eshik shoʻrlikda nima ayb, eshikligidami aybi demoqqa ogʻiz juftlaysizu ammo ishi zarur bu kimsalarga gap kor qilarmidi, orada kulguga, oʻzingizga «eshikogʻa», «eshikparvar» laqablari tirkalgani qoladi, indamaysiz, jahlingiz chiqadi, jahl sizniki, qolganlar sizga qibla qiyo boqmay shoʻrlik eshikka, eshik ommaniki-da, yoppasiga yopishishadi, ochiq havoga chiqib toʻyib-toʻyib nafas olgingiz ham kelmay qoladi, boshliq tayinlagandi, bajarmaysiz buni, xonangizga kirasizu chiroqni oʻchirasiz, osma soatning ovozi aniq-tiniq eshitiladi: tiq-tiq-tiq-tiq... unga hamohang yuragingiz ham, tiq-tiqlab joʻr boʻladi, umr oʻlchovi shu emasmi, insonga soatning keragi yoʻq, soatingiz oʻzingiz bilan – yuragingiz, yurak sizning soatingiz, yuragingiz tiqillab tursa – hayotsiz, borsiz: allaqanday hujjatni qoʻltiqlab boshliq huzuriga chiqa olasiz, eshikning gʻiyqillab ochilib-yopilishiga guvoh boʻla olasiz, xayollaringiz bozorgayam, mehmongayam, Dostoevskiyning kitobigayam ketaveradi, shu payt... qoʻngʻiroq jiringlaydi, yoʻq, bu safar boshliqnikidek asabiy emas, boʻgʻiq jiringlaydi qoʻngʻiroq, goʻshakni koʻtarasiz, yoqimli ovoz keladi: bozor qildingizmi, qilsangiz koʻkat olishingiz kerakligini aytmabman, hozir yodimga tushdi, ha-ya uyga kechroq boraman, hamkasabamizning tugʻilgan kuni ekan, siz ham uni taniysiz, Aida, Aida-chi, hov birda biznikiga mehmonga kelgan-chi, qorachadan kelgan, xushbichim ayol, hm... oʻzini ja chiroyliman deb hisoblaydi, qani endi haqiqatga yaqinroq kelsa bu... voy nimalar deb valdirayapman, buni nima ahamiyati bor gapimizga, xullas dugonalarimiz bilan Aidanikiga bormoqchimiz, sovgʻa olib qoʻydik, moyanamning yarmi ketdi savil, hamma boramiz deb turganidan keyin yoʻq deyolmadim, boʻlmasa unchalik oyogʻim ham tortayotgani yoʻgʻidi, qoʻshilmasa yana boʻlmaydi, tugʻilgan kunlarimga kelishadi, yaxshimi, yomonmi, dugonam, qatordan qolmay borib kela qolay dedim, yoʻq demaysiz-a, ha, bilaman buni, siz meni tushunmasangiz, kim ham tushunardi, aytmoqchi oʻgʻlingiz ham javob soʻragandi, bugun oʻrtogʻinikida yigʻilib, yangi yilni nishonlasharkan, u ham kechroq qaytadi, adangdan soʻrasang boʻlmasmidi desam, adam yoʻq dermidilar, mayli, oʻgʻlim, borib kela qol, faqat hayallama, barvaqtroq qaytgin dedim, bor gap shu, darvoqe muzxonada ovqat bor, amallab isitib olarsiz, xoʻpmi adasi, meni shoshirishyapti, kim boʻlardi, Aida-da, oldimda turibdi boyatdan beri, borishimizni uyidagilarga tayinlab qoʻymoqchi, xoʻp vaqtliroq qaytishga harakat qilaman... tut...tut...tut... ovoz tanish, xotiningizning ovozi, shuncha gapiribdi-yu biror marta na ha, na yoʻq dedingiz-a, axir xotiningiz devor bilan gaplashmadi-ku, bugun xotiningiz dugonasi Aidanikiga, ha oʻsha qorachadan kelgan, hm... oʻzini chiroyliman deb xayol qiladigan, ammo bu haqiqatga zigʻircha ham toʻgʻri kelmaydigan Aidalarnikiga, borishmoqchi ekanligini, borishga oyogʻi tortmasa-da, savil moyanasining yarmini ketkazib, qatordan qolmay deb sovgʻa olishgan, axir Aida siznikiga mehmonga kelgan, bormasa, qoʻshilmasa yana boʻlmaydi, yaxshimi, yomonmi, dugonasi, boz ustiga oʻgʻli ham yangi yilni nishonlashga allaqaysi oʻrtogʻinikiga borishini, xotiningiz sizning nomingizdan oʻgʻlim, boʻpti, borib kela qol, faqat hayallama, barvaqtroq qaytgin deganidan xabaringiz boʻldi-ku, yoʻq deyolmaysiz, xotiningizni shoshirib, uyiga mehmonlar kelishini tayinlash niyatida odobsizlikka yoʻyilsa-da, beixtiyor emas, atay gap poylayotgan Aida guvoh, anoyilardan emas Aida, xotinim bilan gaplashmadim, uning qayoqqa borishidan, Xudo ursin, bexabarman deya xomtama boʻlmang, hazillashmang Aida bilan, xotiningizning boyagi ta’rifi uchun ham qasdini sizdan oladi, dugonasi – xotiningizdan ololmaydi-ku, axir, guvohman deb turaveradi, xoʻp deng, yaxshilikcha tarqalaylik, xotinim bilan devor emas, osmon ustingizga uzilib tushsa ham, oʻzim gaplashdim deng qoʻying, tamom vassalom, erkak degan mana bundoq boʻpti, masalani shartta, joyida hal qiladi, xotiningiz ham, oʻgʻlingiz ham bugun kechroq kelishadi, ziyofatlari bor, siz ham muzxonadan ovqatni olib amallab isitasiz, jovonchaga terib qoʻyilgan shishalardan birini ochasiz, qadah koʻtarasiz, bir oʻzingiz, sogʻligʻingiz uchun olasiz birinchisini, baxt uchun, ertaga tong otishi uchun, ota-onangizning ruhlari shod boʻlishi uchun ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi qadah, bir oʻzingiz hamma uchun koʻtarasiz, dam xotiningiz, dam oʻgʻlingiz, dam oʻzingiz uchun shisha tamom boʻlmaguncha koʻtaraverasiz, koʻtariladi oxir oyogʻingiz, choʻzilib qolasiz oromkursiga, albatta bu keyin, hammasi keyin, hozircha esa ishdasiz, oʻzingiz aytmoqchi, xizmatda, qogʻozni hujjatga aylantirishingiz lozim, qay bir ma’noda sehrgarsiz, koʻz boylogʻichsiz, ha-da qogʻozdan hujjat, hujjatdan qogʻoz yasash har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi, hatto boshligʻingiz ham bu borada oʻz noʻnoqligini sezadi, bildirgisi kelmaydi, hamma ishda sizga tayanadi, ammo tan olish yoʻq, unda ustunligi, boshliqligi qayda qoladi, iloji yoʻq boshqa, ishongan togʻisiz, asabiylashadi hujjat oʻz vaqtida taxt boʻlmasa, va’z oʻqiydi bugungidek, qoʻlidan kelmaganiga jigʻibiyroni yuz chandon oshadi, baribir, sizsiz ishi bitmasligini tushunadi, oʻzicha gʻamxoʻrlik koʻrsatadi; xuddi boyagidek: charchabsiz-a, ochiq havoda bir aylaning, toʻrt devor orasida oʻtiraversa odam siqilib ketadi, deydi, eshikka achingandan koʻra boshligʻingizni oʻylasangiz durust edi, eshik-ku bu yogʻiga istaysizmi, yoʻqmi, gʻijirlayveradi, bu uning «munojot»i, ayting, ayting, boshligʻingiz «gʻijirlab» qolmasin, turing, tura qoling, derazadan tashqariga qarang, qorongʻi tushib qolibdi, soat ham olti, yoʻq, ikki daqiqasi kam olti, bozorga borasiz, toʻgʻri hozir bozorlarning chirogʻi bor, qorongʻidayam olmami, kartoshkami, nima olmoqchiydingiz oʻzi, ha-ya, xotiningiz koʻkatlarni unutmang, deyayotgandi, olaverasiz nima boʻlsayam, xonaga kira solib chiroqni oʻchirgandingiz, yoqasiz – chiq, qogʻozlarni yigʻishtirasiz, kitoblarni bir chetga taxlab, joyiga qoʻyasiz, paltoni kiyasiz, soatga qaraysiz: ikki soniyasi kam olti, chiroqni oʻchirasiz – chiq, xona qorongʻilik girdobiga choʻmadi, chiroqni yoqasiz – chiq, xonaga yana bir bor nazar tashlaysiz, choy qaynatgich oʻchiq, soat bir soniyasi kam olti, chiroqni oʻchirasiz - chiq, yana qorongʻilik, barmogʻingiz beixtiyor yana chiroqni yoqadi – chiq, xona yorishadi yana, nimangizdir qolib ketayotgandek, oyogʻingiz tortmaydi chiqib ketishga, shapkangiz qoʻlingizda, ha, siyohli ruchkangizni ham kostyumning chap choʻntagiga, nega aynan, chap – ish quroli yurakka yaqin turgani ma’qul, soldingiz, bozor qilgani olgan xaltalaringiz ham qoʻlingizda, nima qolib ketdi ekan-a, koʻnglingizning bir cheti xijilligicha qolaveradi, qoldirgan narsangizni topolmaysiz, soat roppa-rosa olti, chiroqni oʻchirasiz – chiq, bugun ham oʻzgacha bayram: yangi yildagi birinchi ish kuni, hamma barvaqtroq uyga otlangan, sizdan boʻlak hech kim qolmabdi soat oltigacha, kalitni qorovulga topshirasiz, chiqasiz tashqariga, «hurmat taxtasi»ga osilardingiz burungi vaqt boʻlganida, qorovul albatta yetkazadi boshliqqa oxirgi boʻlib ishni – ikkinchi uyingizni tark etganingizni, ammo hozir taxta taqchil, qurilishlarga yetmay turibdi oʻzi, sizga osilib turishga yoʻl boʻlsin, boʻsh kelmaysiz shundayam, taxta boʻlmasa, tramvayga osilasiz, bozorga yetasiz, tushasiz, haq edik biz: bozorni kechasiyam qilsa boʻlarkan, muhimi chiroq bor, savdolashmaysiz har qachongidek, boʻlmasa aytganiga oladigan odamlardan emasdingiz-u, yoʻliga bir osham boʻlsa ham tushirib, savdolashib qilardingiz bozorni, bu safar dehqon ogʻziga siqqanini aytadi, qoʻlingiz choʻntakka suqiladi, sanaysiz, dehqon qayta sanaydi, toʻgʻri deydi, osh boʻlsin deydi, rahmat demaysiz, derdingiz har safar, bu gal esa indamaysiz, xaltalarni koʻtarib, uyga chogʻlanasiz, koʻkatfurush ayol burningiz tagida shangʻillaydi: mana bularni olib keting, kechki bozor, berganingizni bering, shoshilyapman, uyga borishim kerak, bolalarim poylab qoldiyov, ovqat qilishim kerak hali, oling, olaqoling, choʻntagingizdan ilinganini olasiz, xotiningiz tayinlagandi koʻkat oling deb, xaltaning ustida koʻkat bor endi, xotiningiz aytganini bajo ayladingiz, qachon oʻzi yoʻq degansiz, hech qachon, mana bugun ham aytganini qilib koʻkatgacha oldingiz, koʻkat miya faoliyatini yurishtirar ekan, Ibn Sino aytgan oʻz vaqtida buni, biz boʻlsak koʻkatga har doim ham tegishli e’tiborni berolmaymiz, koʻkatfurush ayolga pulingiz koʻp koʻrinadi, choʻntagini kavlashtirishga tushib ketadi, kutmaysiz, shoshayapsiz, uyga borishingiz kerak, xuddi koʻkatfurush ayoldek siz ham qozon osasiz, ovqat isitishingiz kerak borib, ishingiz koʻp, yana tramvayga osilasiz, qarang qanday baxt, tigʻiz payt oʻtgan koʻrinadi, tramvayning ichi boʻm-boʻsh, oʻrindiqqa choʻkasiz, xaltalar ham yuk koʻtarib charchashgandir, oʻrindiqqa qoʻyasiz ularni, oʻrni kelganda hurmatini bajo aylaganga ne yetsin, mana tramvaydan ham koʻrinadi uyingiz, baland qavatli bino, hamma xonadonda chiroq bor, faqat sizniki oʻchiq, sabr qiling, borarsizam, yoqarsizam oʻsha chiroqni, xaltani qoʻyarsizam, olarsizam muzxonadan oʻsha ovqatni, isitarsizam amallab, qayoqqa shoshilyapsiz, yov quvyaptimi, oldin haydovchiga yoʻlkira haqini berib oling, xaltalaringiz yayrab keldi, haqini ham toʻlang-da, xaltalarniki ikki barobar koʻp, oʻzingiz uchun bir osham, xaltalar uchun ikki osham, jami uch osham boʻladi, xaltachalik qadrim yoʻqmi desangiz, mayli besh osham tashlab keting, oʻzingizga uch osham, xaltangizga ikki osham, ammo bunda qoidani buzgan chiqasiz, qoidani buzganlar javobgarlikka tortilishi haqida gapirmaymiz, baloni oʻqidek bilasiz, ana oʻqing, chapdan oʻngga qarab, harflariyam dona-dona: yuk uchun ikki baravar haq toʻlanadi, yaxshisi uch osham bering-da tushib ketavering, hujjatni sizdan yaxshi tushunadigan odam bormi dunyoda, oʻzingizdan qolar gap yoʻq, hujjatga amal qilish kerak, hujjat bor – hayot bor, qoidayu tartib bor – dunyo bor, boʻlmasa hammayoq allaqachonlar ostin-ustun boʻlib ketardi, kalovlanib qolganingizdan haydovchi pulingiz yoʻqakan-da, deb gumonsiraydimi, mayli, keyingi safar toʻlab ketarsiz, tushavering, deydi, keyingi safar boʻlarmikan, balki ertaga ishdan boʻshab ketar haydovchi, boshqa sababi chiqar, har holda issiq jon, balki boshqa bu tramvayga oyoq qoʻymassiz, choʻntagingizdan uch oshamlik pul chiqarasiz, haydovchi qutiga tashlab qoʻyadi, tushasiz, eshik yopiladi, turasiz, tramvay yuradi, uyingizga, chirogʻi oʻchiq uyingizning derazasiga bir zum tikilgancha qotib qolasiz, amaki uyingizni topolmay qoldingizmi, deydi quloqchinini tushirib olgan bir bolakay, oʻzingizga kelasiz, yoʻq, deysiz, mana zinadan koʻtarilyapsiz, lip degani bir haftaki buzuq, zinapoyalar birma-bir ortda qolib boraveradi, shunday paytda sizni toʻqqizinchi qavatga lipsiz chiqishga majburlayotgan lip sozlovchisining noʻnoqligidan achchiqlanasiz, achchiq ustida qadamlaringiz tezlashadi, oxir manzilga yetasiz, eshik qulfini buraysiz, ochiladi eshik, gʻiyqillamaydigan eshik ham bor ekan dunyoda, ichkariga kirasiz, ilgakka osiladi paltongiz, etigingizni yechasiz, xaltalarni oshxonaga olib borib boʻshatasiz, ochasiz muzxonani, turibdi mana qoʻr toʻkib isitilishi lozim boʻlgan ovqat, uni olasiz, tutinasiz isitishga, isiguncha yechinib olmoqchi boʻlasiz, yoʻl-yoʻlakay oynaijahon murvatini buraysiz, oynaijahon yorishguncha uy kiyimlaringizni kiyib chiqasiz, ovqat isib qolgandir, oshxonaga borasiz, oynaijahon yolgʻiz qoladi: tantantara tantantara tantan tantantara... yangi yilni kutib olganimizga roppa rosa 44 soat boʻldi Parij goʻzallari esa yangi yil bilan xayr ma’zur qilishga ham ulgurishdi ular yana bir yangi kelgusi yil boʻsagʻasiga dadil qadam qoʻyishdi lobarlik nozik did maftunkorlik joziba liboslarning ranglariga e’tibor bering qizil oq yashil qora qizil tantantara tantantara tantan tantantara... aka opa togʻa xola ichasizmi koka kola xe ye ye ey studiyada pompom tomtomov soʻnggi xabarlar tavqi la’nat aholisining oʻndan biri yangi yil kechasida shampondan zaharlanib oʻlibdi yana oʻndan biri kasalxonalarda oʻlar holatda yotishibdi qolgan oʻndan sakkizi esa shampon sotgan al Kaponni qidirish bilan ovora... xabarlarimiz orasida quvonchlilari ham topiladi xususan ob-havo bilimdonlarining xabar qilishicha bu yaqin orada qor yogʻishi kutilmaydi negaki bir oy davomida yogʻmagan qor har biri mahallaning yuz kilolik osh damlanadigan qozonidek keladigan doʻl shaklida tushishi taxmin qilinmoqda biz sizlar uchun jon kuydiramiz joningizni sugʻurta qilib qoʻying Janna d' Ark sugʻurta idorasi biz sizlar uchun jon kuydiramiz, qoqoqotoqtoqtoqu tomogʻimiz oppoqku oppoq oppoq judayam oppoqku,oppoq guruhining xonandasi toqtoq bilan moʻ‘jaz suhbat qursak men qarshi emasman soʻrang soʻrayvering nega guruhingiz oppoq deb nomlanadi nega taxallusingiz toqtoq deng darvoqe dilimdagini topdingiz sababini tushuntirib berarsiz soʻnggi paytda har xil boʻlar boʻlmas guruhlar yomgʻirdan keyingi qoʻziqorindek da da tak bodrab potrab ketvottimi bu yestestvenno tabiiy deysizmi bizzi gruppa oppoq deb nomlanadi nimaga muzqaymoq oppoq qaymoq oppoq sut oppoq paxta oppoq qogʻoz oppoq koʻylagimiz oppoq mashinamiz oppoq kelinchaklarning toʻy koʻylaklari oppoq yana oʻnlab yuzlab minglab balki millionlab narsalar sanogʻiga ham yetolmasmiz oppoqdiru bilmasmiz qoʻshiqlarimiz oq oppoq boʻlishini xohlayapmiz tushunyapsizmi oq kema oq bulut oq yelkan taxallusim esa jarangdorligi betakrorligi bilan oʻzimga yoqadi toqtoq dunyoda hali hech kim bunday taxallusga egalik qilmagan muxlislaringizni yana qanday yangi qoʻshiqlar bilan xushnud qilmoqchisizlar oq tovuq oq togʻora oq choyshab qoʻshiqlarining matninni yaqinda yozib tugatdik kuy bastalasak boʻldi yana uch-toʻrt soatdan keyin bemalol havola qilaveramiz... qoʻshni xonada oynaijahon oʻziga-oʻzi javrab yotibdi, javrayversin oʻziga-oʻzi, Parij qizlari, al-Kapon, yana qozoq qoʻshningiz koʻka haqida bir nimalar deydimi-ey, yana nima deydi-ya jannatning arki, jannatdayam ark boʻladimi, hayratlanmasangizam boʻlaveradi bunga, ana oq qoʻshigʻam chiqibdi, endi rangiyam bor qoʻshiqning, qoqolayapgandi-ku Toqtoq, tomogʻi oppoq, «Oppoq» guruhining yakkaxoni, bulbuligoʻyosi, illo hech kimda yoʻq dunyoda bundayin ajib taxallus, Toqtoq, tovush zarbidanoq uchib yurgan kaklik patillab yerga tushadi, yaralandim deya xayol qiladi miltiq oʻqidan, Toqtoq, zarbidanoq tovushning suvoq koʻchadi, ustingizga toʻkiladi uyumi, parvo qilmaysiz bunga, «Oq choyshab»ni xonish qilayotgan xonandada boʻladi qulogʻingiz, qoʻlingizda qoshiq, oldingizda isitilgan ovqat, ammo negadir ishtaha yoʻq, hadeb koʻraverishingiz shartmi, oʻzini oʻzi ham koʻrsin-da oynaijahon, bechora oynaijahonning uzuq-yuluq gaplari qulogʻingizga chalinadi, ishtaha ochar nima bor edi, bozordan olma oldingiz, kartoshka, yana allambalolar, e, h a, koʻkatfurush ayol ham tutqazgandi bir toʻp koʻkatni, koʻkat miya faoliyatini yurishtiradi, buni endi yaxshi bilasiz, Ibn Sino aytganini takrorlab oʻtirmaymiz, jovonni ochasiz, har holda bugun ham bayram: yangi yildagi birinchi ish kuni, yuvish kerak buni aroq... konyak... yangi yil kechasi bulardan yetarlicha bahramand boʻlgansiz, «Al-Kapon – shampon» deb tamgʻa urilgan shisha koʻzingizga boshqacha koʻrinadi, boya oynaijahonda ham bir nimalar deyishayotgandi-ya al-Kaponlab, chalingani esingizda uzuq-yuluq ovozning, lekin bilolmay qoldingiz ne deb maqtashdi, chet el matohi – al-Kaponni, maqtashganiga shubhangiz yoʻq, qaydadir, ha-ya yodingizga tushayapti, qay bir kitobda qahramon edi al-Kapon degani, shamponiyam chiqibdi mana olasiz, yozuvini hijjalab yana bir bor oʻqiysiz: al - Ka - pon sham - pon, ochasiz, qopqogʻi otiladi qoʻqqis, toshib ketayotgan shamponni bir emas uch qadahga toʻldirib quyasiz, bir oʻzingiz hamma uchun koʻtarasiz, hamma uchun bir oʻzingiz koʻtarasiz, birinchisi – baxt, ikkinchisi – sogʻliq, uchinchisi – ertaga tong otmogʻi, keyingisi – ota-onangizning ruhlari shod boʻlishi uchun, bu sabab bilan odatda qadah koʻtarilarmidi, yoʻqmi, ayni paytda sizga baribir, siz koʻtarasiz, istayapsiz shuni, sabab boʻlsa boʻldi, yana bir necha sabablarga koʻra qadah koʻtarasiz, oxir shisha boʻshaydi, boʻsh shisha sizga qarab tirjayadi, sizga shunday tuyulgandir-da, hech vaqt shisha ham tirjayadimi, telefon jiringlaganini uzuq-yuluq eshitgandek boʻlasiz, gandiraklab borasiz oldiga, goʻshakni koʻtarasizu yuztuban qulaysiz oromkursiga, goʻshakdan yana oʻsha, hech narsadan bexabar, oʻzida yoʻq shod xotiningizning ovozi keladi, adasi ovqatni isitib oldingizmi, biz yaxshi oʻtiribmiz, mehmondorchilikni juda oʻrniga qoʻyisharkan, Aidadan buni kutmagandim, hamma xursand, buni qarangki, Aidaning xoʻjayini bugun xizmatdaman, hammangiz bemalol oʻtiraveringlar, oʻtirishdan keyin hammani uyiga birma-bir olib borib qoʻyaman dedi, «Xonda»si bor edi Aidalarning, «Mersedes»ga alishtirishibdi, qushdek uchadi deyishadi, koʻradigan boʻldik, ha televizorni yoqqanmisiz, u yerda oʻgʻlingiz yoqtiradigan qoʻshiqchi-chi, anavi, ha, ha, Toqtoq bilan suhbatni berishdi, «Oppoq» guruhidan, anavi Parij goʻzallarini koʻrdingizmi, qizil – oq, oq – yashil, qora – qizil liboslar, lobarlik, nozik did, maftunkorlik, joziba emish, xoʻp deng adasi, mart bayramiga shunaqasidan olib berasiz, oʻzingiz yaxshisiz-ku, olib beraman deyapsizmi, qachon yoʻq degansiz oʻzi, bilaman yoʻq demaysiz, mana yana turqisovuq Pompom Tomtomov chiqdi, jinim suymay qolibdi shu muxbirni, gaplari biram sovuq, aft-angori undanam oʻtib tushadi, oynaijahonda ishlaydiganlarning koʻzi qayoqda oʻzi, kelib-kelib studiyani shu maymunga topshirib qoʻyishganiga oʻlaymi, yangi yil kechasi qaysidir mamlakat aholisining oʻndan bir qismi shampondan zaharlanib oʻlibdi, yana shunchasi kasalxonada emish, ha nafasingni yel olgur-a, qor oʻrniga xursand boʻling, qozondek-qozondek doʻl yogʻadi deydi-ya, ha oʻsha doʻlning tagida qolib lochira boʻlgur Pompom-ey, adasi, mayli, hozir borib qolaman, zerikmay oʻtiring-a, dugonalarim ham turamiz deyishyapti, xoʻp... tut... tut... tut... koʻzingizni ochishga urinasiz, boshingiz gir-gir aylanadi, aylanaveradi, koʻnglingiz behuzur, tomoqqa bir nima tiqiladi, tiqilayotgan nima oʻzi, halqum emasmi, boyadan beri tututlab yotgan goʻshakni joyiga qoʻymoqchi boʻlasiz, holingiz kelmaydi, tut-tut-tut, yuragingiz endi tiqillamaydi soat singari, goʻshakka hamohang tutilayveradi, yuragingiz soat edi-ku tiqillardi, nima boʻldi tutillab qolibdi, hali zamon xotiningiz keladi, barvaqtroq, hayallamay kelib qolar oʻgʻlingiz ham, hayron boʻlishadi uzala tushib yotganingizga, goʻshak joyida emas, osilgancha yotaveradi goʻshak, siz ham yotaverasiz miq etmay, qimirlamaysiz, betiga «al-Kapon» deb yozilgan shampon shishasi ham sizga qarab tirjaymaydi boshqa, boshqa boshligʻingiz ham hujjatni tezlating deb doʻq urolmaydi, doʻq ursa uraversin, goʻshakni olmaysiz, qoʻngʻiroq battar asabiylashib jiringlayveradi, jiring­layveradi, goʻshakni olmay turaverasiz, hammadan yomoni, dahshati ham shu, boshliqning eshigi mungʻayib qoladi, uning boshqa gʻamxoʻri yoʻq endi, dodini kim eshitardi, xotiningiz ham endi har kuni tugʻilgan kunga boradi, ming istihola bilan sizdan ruxsat soʻrab oʻtirishning hech bir hojati yoʻq, oʻgʻlingizga oʻzi javob beradi oʻtirishga borgisi kelsa, Aidaning xoʻjayini «Xonda»sini «Mersedes»ga almashtirgan, xotin almashtirolmaydimi, har kecha ziyofatlardan soʻng uni dugonalari bilan uyiga eltib qoʻyadi, dunyoda yaxshilar ham bor, hammayam sizdek bevafo emas, «al-Kapon»ni ichib hayyo-huv deb ketvoradigan, albatta, biroz keyinroq oʻynaladi bu sahna, avval xotiningiz kelsin, kelsin oʻgʻlingiz, hozircha esa oynaijahonda suxandon koʻrinadi, koʻzlari qizarib ketibdi bechoran

Xotima

yoki marhum, «al-Kapon»ni ichib hayyo-huv deb ketvorgan bevafo kimsa ruhining arshi a’loga ravona boʻlmoq oldidan «Bayramdan keyingi bayramlar»da bitilgan oʻz kechmishiga nuqta oʻrnida hikoyanavisga bildirmoq ilinjida boʻlgan ayrim tafsilotlarning haqchil bayoni:

Menkim, oʻsha marhum, «al-Kapon»ni ichib, narigi dunyoga xayr-xoʻshni nasiyaga qoldirgancha ketvorgan, faqat bevafo demang, bevafo emasman... hay, bu haqda oʻz vaqti bilan degandek, ana yana qoʻngʻiroq jiringlayapti, olmang, jiringlayversin, ruhimni ham tinch qoʻymaydi bular, nima derdi bevafosiz, be-va-fo, deydi-da choʻzib-choʻzib, menga ta’na qilgandek xotinim, bevafomanmi, ayting oʻzingiz, hikoyanavis doʻstim, yoʻq demasangiz, hikoyaga ba’zi bir aniqliklar kiritmoqchi edim, indamayapsiz, sukut alomati rizo, boʻlmasa kirishaveraymi, yaxshi boshlangan hikoya, birinchi jumla muvaffaqiyatli chiqqan, menimcha, shu jumla topilmaganda kechmishim minglab, millionlab boshqa kechmishlar kabi qogʻozga muhrlanib qolmasdi, darhaqiqat xudoning bergan kuni shu, aytganingizdek, nonushtaga soat sakkizga taqab turaman, nega vaqtliroq turib boshqalardek badantarbiya bilan shugʻullansam, u-bu mayda-chuydaga chalgʻisam boʻlmasmidi, yoʻq, erinaman, uyqu shirin, kelmaydi turgim, deb ming bir bahona qidirmayman hozir, lof boʻladi hammasi, ayni damda buning keragi ham yoʻq, bularni oʻzimni oqlash yo ayblash uchun aytmayapman, niyatim hikoyangizga ba’zi bir tafsilotlarni kiritishdan iborat, xolos, kech turishimning boisi oddiy, bor-yoʻgʻi shumi deb ajablangan chiqarsiz, koʻnikib qolganman shunga, odat boʻlib qolgan soat sakkizga taqab turish, boʻlmasa ungachayam bir necha bor uygʻonaman, uyquga toʻyganam boʻlaman, soatga qaraymanu hali erta, soat sakkizgacha yotay-chi deb uzala tushgancha yotaveraman, apil-tapil nonushta qilishim ham, u-budan chimdib yeb, uch-toʻrt hoʻplam choy ichishim ham rost, ertalablari ishtaha yoʻq-da, ish ishtaha ochadi, oʻrnimdan turaman-u yuvinaman, ertalabki bor ishim shu, ertalablari tosh koʻtaradigan qoʻshnilarim bor, toshiyam oʻzidan ogʻir, ana ularda boʻlsin-da ishtaha, keyin bir tomoni qorin ishga ketar chogʻingiz tramvayga chiqishda qiynaydi, unisi turtadi, bunisi turtadi, tiqilinchda qorin ham kamida bir oshamlik joyga da’vogar chiqadi-da, shularniyam oʻylayman-da ertalablari choy ichmayman, buyogʻi lof, hazillashdim, bor gap ishtahamning yoʻqligida, darvoqe nega hikoyaning biron bir joyida koʻrinishim tasvirlanmagan, yoshim nechada, ismim ham yoʻq, bir tomondan yaxshi boʻpti, axir koʻrinishimning boshqalarnikidan nima farqi bor, oʻsha koʻz, oʻsha burun, oʻsha quloq, ushbu hikoyani oʻqiyotgan kimsa oʻzini koʻzguga tutsa bas, koʻzgudan assalomu alaykum deb mulozamat qilib turgan boʻlaman, ismimni-ku darrov eslaysiz, yoningizdagi hujjatlardan birini oching, qanday ism-sharif bitilgan u yerda, oʻqidingizmi, qarang-a, shunchalik oʻxshashlik boʻladimi, ism-sharifimiz ham bir ekan-ku adash, hikoyanavis doʻstim sizga aytib qoʻyay esimdaligida, Ibn Sinoni oʻqimagan ekansiz, koʻkat miya faoliyatiga yaxshi ta’sir koʻrsatadi deb, kitobxonni chalgʻitibsiz, koʻkat miya faoliyatiga ta’sir koʻrsatmaydi, aloqasi yoʻq uning miyaga, tovuq, baliqlarning miyasini yeb miyasi zoʻrayib ketganlarni ham bilmayman, koʻproq kitob oʻqing, Ibn Sino miya haqida nima deganlari ayon boʻladi, miya haqida qayta-qayta toʻxtalib nima demoqchi edingiz oʻzi, voy xudoyim-ey, qoʻngʻiroq jiringlayverib bezor qildi-ku, oling, olavering, bevafo demasa boʻlgani, bu xotinim, qoʻngʻiroqninng jiringlashidan tayin, xizmatga buyurmaysiz endi, shu goʻshakni mana bunday qilib qulogʻimga yaqinroq tutib turasiz, voy adasi, voy adasi, nimalar qilib qoʻydingiz, kimlarga tashlab ketdingiz bizlarni, Aidanikiga bormay oʻlay adasi, xafa boʻlgan ekansiz-da mendan, xafa boʻlgansiz, oʻzimam ichimda oʻylagandim-a, hoynahoy xafa boʻlgandirlar deb, shunga na ha, na yoʻq demadilar deb ich-etimni qora mushuk tirnayotgandi-ya, aybdorman, boshimni devorga uraymi endi, bozorni oʻzim qilib, ovqatni oʻzim isitsam, shu yurishdan bir kun qolaqolsam boʻlmasmidi-ya, boʻlmasmidi adasi, yoʻq, moyanamning yarmini ketkazib sovgʻa olishga qoʻshilishim, unchalik jinim suymaydigan dugonamnikiga borishim kerak edi, ahmoqman, oʻzim ahmoqman, bir safar yoʻq desam olam guliston edi, ovqatni oʻzim isitardim, anavi «al-Kapon» haqidagi Pompomning oʻzidek sovuq xabarini eshitgach ochtirgan boʻlarmidim shishani, kelgan balo-qazo shunga ursin deb axlat chelakka, yoʻq, yoʻq, baland qavatli uyimizning derazasidan pastga uloqtirardim-a, jin oʻlgur vizillab pastga shoʻngʻirdi, chilparchin boʻlib sinardi, oʻshanda shamponning koʻpiklanishini tepadan, yuqoridan, baland qavatli uyimizning derazasidan xoʻp tomosha qilgan boʻlardik ikkovimiz, sizsiz, sizsiz endi nima qilaman adasi, u-hu,-oʻh-hu, u-u-u-u... goʻshakni qoʻying, tamom, yuragim ezilib ketadi, ayol kishi koʻz yosh qilsa chidolmayman, koʻnglim boʻsh, koʻnglimning boʻshligi koʻp bor pand bergan hayotimda, hech kimga yoʻq deyolmayman, birovning dilini ogʻritib qoʻyishdan qoʻrqaman, oʻsha kuni boshliqqa bir ogʻiz e’tiroz bildirsam boʻlardi, hujjatning muhimligi, tezroq tayyorlash zarurligini aytmagandi u, ayb oʻzidan oʻtgan, ammo boshliq hech qachon aybdor boʻlolmaydi, uning aybi xodimiga oʻtadi, buni yaxshi bilishimdan boshliqning xabari yoʻqmi, boʻlganda qandoq, doimo ochiq boʻlmasa-da, shunga ishora qiladi, xonasiga tayyor hujjat bilan kirganimda ham atay menga e’tibor bermaslikka urindi, oʻzining boshliq ekanligini, men uning oddiy xodimlaridan biri ekanligimni uqtirmoqchi, hujjat kechikib ketdi deya ta’na qilayotgandek edi u, ana, ana, qulogʻi qizidi shekilli boshliqning, qoʻngʻiroq asabiy jiringlayapti, bechora roʻznomani oʻqir edi shu payt, oromkursisi bor, oʻshanga joylashvo-olib dunyoda nima gap ekan, deb ochganu oʻz xodimi, mening suratimga tushgan boʻlsa ehtimol koʻzi, «Al-Kapon» va navbatdagi qurbon» maqolasi e’tiborini tortadi, qarang qurbonning ishlayotgan idorasi ham tilga olinibdi, eslab koʻradi, ha, shu idoraga oʻzi boshchilik qiladi, shunga asabiy, shunga jahli chiqqan, axir beruxsat, aylangani boshliq aytgandek ochiq havoga emas, ochiq goʻrga, narigi dunyoga, bejavob ketib qoldim-da, doʻstim, yana xizmat sizga, portlab ketmasin, uvoliga qolmaylik shu goʻshakning, oling, boshliq degan nomi bor, sobiq boʻlsayam, hurmatiyam boʻlakcha, eshitmasak ayb, muhtaram boshliq, kamtarin qulingizning qulogʻi sizda, eshitadi, ha-ya, gaplarimni baribir eshitolmaysiz, ruhman-ku axir, mayli hozircha sizni tinglaylik, boʻlmaylik gapingizni, marhamat... qayoqlarga gum boʻldingiz-a, toʻgʻri charchadingizmi deb soʻradim, yodimda bor, biroz aylaning ochiq havoda, toʻrt devor orasida oʻtiraversa, oʻtiraversa, odam siqilib ketadi, deganimam yodimda, yana nima degandim, e-ha hujjat tayyor boʻlgandir, koʻrib chiqaman, tashlab ketaqoling devdim, bugun ish koʻpayib ketdi, koʻrolmadim hujjatni, tepadan unchalik qistalang ham qilishmadi, oʻzi odatda shunaqa boʻladi, kerak, tezroq tayyorlang, deyishadi-ku, ke­yin yodlaridan koʻtariladi, nimaligini eslolmay qolishadi ba’zan, soʻrab qolishsa anavi tayyor boʻldimi deyishadi, xunobim oshadi shunda, anavisi nimasi, nimani, qaysi hujjatni nazarda tutishyapti, qani endi oʻzlari ham bilishsa, bilishmaydi, lekin nimadir olishlari kerakligini fahmlab turishadi, anavi tayyor boʻldimi deb dagʻdagʻa ustiga dagʻdagʻa qilaverishadi oʻsha «anavi»ni berib qutulmaguningizcha, xoʻp bular oʻz yoʻliga, lekin sizni tushunolmay qoldim-ku, hammaga maqtar edim, ishchan, tashabbuskor xodim bu, undan oʻrnak olinglar derdim hammaga, buni oʻzingizam yaxshi bilasiz, qorovul oʻsmoqchilagandek boʻluvdi bugun, oʻsha kuniyam hammadan kech qaytibsiz ishdan, ishga vijdonan yondoshishingizdan darak bu, ammo mana bu roʻznoma xabari... meni, meni umuman gangitib qoʻydi-ku, bugun ishga kelmaganingizni men ham, boshqa xodimlar ham payqashmabdi-ya, bilganlarida bexabar qolmasdim, oʻz vaqtida ishga kelasiz, oʻz vaqtida ishdan qaytasiz, ishga kelmay qolishingiz hech kimning aqliga sigʻmagan, ha xonasida ishlayotgandir-da degan xayolga borishgandir, necha bor aytganman, ketarkansizlar javob olinglar deb, soʻraganingizda biror marta yoʻq devdimmi, onangizni janazasi kuni yarim soatga ruxsat bergan kim, hov birda yuragim siqilyapti, doʻxtirga koʻrsatmasam boʻlmaydi, deganingizda yoʻq demovdim, navbat kutib qolib ketdim, degan vaj-korsonlarni pesh qilib, naq uch soatdan keyin kelgandingiz ishga, shunaqa yaxshilikni bilmaysizlar, yaxshilikka yomonlik deb shunga aytishadi-da, nafaqat meni, balki idoramiz sha’niga ham yaxshi gap boʻlmabdi, qora moy bilan bulgʻagandek boʻpsiz-da, bu idoradagilar piyonista ekan degan gap chiqmaydimi shaharda, icharkansiz, «al-Kapon»dan boshqa tuzukrogʻi topilmadimi, ertagayoq majlis chaqiraman, shaxsiy masalangizni kun tartibiga qoʻyaman, sizdaqa xodimlarga bizning moʻ‘tabar idorada joy yoʻq, yaxshisi oʻz arizangizga koʻra ishdan boʻshang, boshqa biron bir boʻlmagʻur boʻlsayam harna ishga ilinib olish imkoniyati tugʻiladi, bu imkoniyatni boy bermang, arizani kotibaga berib qoʻying, sizni koʻrishga koʻzim, aytishga soʻzim, otishga oʻqim yoʻq, sharmandai sharmisor qildingiz meniyu, idoraniyu butun boshli, hammani, ertaga hali yuqoridan gap eshitmasam boʻlgani, voy, vo-oy yuragim... ana oh yurag-a, voh yurak, endi men oʻlsam kerak deyapti boshliq, boshliqning ahvoli shu, jahli chiqsa yuragimlab qoladi, asabiylashishi sogʻligʻiga zararligini bilsayam asabiylashaveradi, asabiylashmagan boshliq boshliq emas degan sarqit bir tushuncha miyasining bir kavagida oʻrnashib qolgan, shunisi hech tinch qoʻymaydi, asabiylashayotgani qoʻngʻiroqqayam oʻtadi, asabiy jiringlaydi qoʻngʻiroq qilsa boshliq, shunisidan taniyman, mana boshliqning oʻzlari yoʻqlayaptilar deb goʻshakni olgancha kutaman: navbatdagi ta’na-dashnomni, kutaman debman, kutardim desam aniqroq boʻlar, yana oz qoldi, ruhim arshi a’loga koʻtarilsa boshqa eshitmasam kerak bularni, yuragi bekorga yomon boʻldimi boshliqning, ishongan togʻi edim, mensiz ishi bitmasligini tushunardi, ammo tan olgisi kelmasdi, mana endi boshini changallab oʻtiribdi nima qilarini bilmay mensiz, arizam kerak boʻlib qolganmish, yuqoridan gap tekkudek boʻlsami, aytadi-da biz uni yangi yil oldidan ishdan boʻshatvorganmiz, oʻz arizasiga koʻra boʻshatilgan, shunga binoan yangi yilning birinchi ish kunida ishda boʻlmagan, hech qanday hujjat ham tayyorlamagan, huzurimda boʻlmagan oʻsha kuni, axir boʻshagan odam qanday boʻlishi mumkin edi ishda, bunga idoramizning barcha xodimlari qatori men ham guvohlik berolaman, derdi-da, osongina qutulardi, har xil gaplarga qolmasdi oʻrin, boshliqqa dakki berib qoʻymoqni oʻz farzi deb bilgan yuqoridagi odam tortardi mulzam, oʻzini tutib olardi biroz vaqt oʻtib, yaxshi qipsiz bu piyonistaning oyogʻini quritib bu dargohdan, yoʻqsa, sizni ham, meni ham boshimiz qolardi malomatga, gap orasida bildiradi minnatdorchilik, xizmat chogʻlari yodga tushadi bexos boshliqning, qoʻli chakkasiga qoʻyiladi, Vatanimga xizmat qilaman, oʻ xomxayol, chalgʻib ketdim yana, xullas al-Kaponni ichganim tasodifmi, ba’zan shu haqda oʻylanib qolaman, oʻsha kungi voqealarni birma-bir ipga tizib mushohada yuritsak, hayotdan toʻyib ketgan, bilib turib oʻzimni-oʻzim zaharlagan, al-Kapon bunga shunchaki turtkidek tuyuladi, bu bir qarashda albatta, aslida-chi, aslida bu hayotga koʻnikib qolgandim, bordi-yu biror tasodif uchrasa, favqulodda hodisa hisoblardim, ortiqcha tashvish keltirardi bu, kuniga biror voqea, hodisa yuz beraversa, yoʻq, yoʻq, bunday hayot men uchun emas, yasholmasdim, menga ma’quli: har kungidek ertalabki sakkizga taqab turish, apil-tapil nonushta, xizmat, mayli soʻksin boshliq, talab qilsin ishni, buning nimasi yomon, xizmat xizmat-da, uyga qaytish, kechki ovqat, oynaijahon, uyqu, qarabsizki, yana tong otib turibdi, yangi tong, yangi kun, ammo hayotingiz yana oʻsha eski maromda, qayta-qayta, hech bir oʻzgarishsiz, xuddi kechagidek, oldingi kun, undan avvalgi kunlardagidek bir xil tarzda, davom etaveradi, shunga koʻnikasiz, taqdirning izmiga boʻysunmoqlikdan oʻzga chorangiz yoʻq, taqdirning hazilini qarang, arshi a’lodan chaqirishyapti meni, chorlashyapti huzurlariga, izmim endi ularda, hayotni sevaman, yashasam, yana ming yil, yoʻq million yil shunday yashasam derdim, ammo... chorlashyapti... mendaqalarga bu hayotda joy yoʻq, boshliq bunda haq, bizdaqa xodimlarga moʻ‘tabar idora – dumaloq Yer demoqchimasmidi boshliq – joy yoʻq, yaxshisi oʻz arizamga koʻra...